Abdulhamid Choʻlpon Abdulhamid Choʻlpon 4,5 triliyon Ko‘cha-ko‘yda xotirjamroq yurush ham mumkin bo‘lmay qoldi. Nimaga desangiz, har burchak va har muyulushda tubjoy xalqning yosh o‘spirinlari to‘dalanishib chiqib keladirlar-da, maorif ishlariga ozroq aloqangiz borlig‘ini bilsalar sizni to‘qtatib olib: Biz falon yerdan ataylab o‘qug‘ali keldik. Maktablar to‘lg‘an, bizni birar joyg‘a joylang. Pulimiz ham, boshqamiz ham yo‘q… deydirlar. Siz u deb – bu deb, aldab-suldab zo‘rg‘a qutulasiz. Bir oz yurganingizdan keyin narigi muyulushda yana shul ahvol. Bu hol – ko‘b yaxshi foldir. Bu yurtning porloq kelgusidan xabar beradir. Haligi yosh o‘spurunlarni o‘lkamizdagi maktablarga joylash qancha qiyin bo‘lsa, boshqa mamlakatlarga yuborish uchun pul topish undan ham qiyin. Shu to‘g‘rida qayerg‘a bosh ursangiz: “Pul yo‘q!” javobi keladir. Hukumat qo‘lidan kelganini qilib, birar mingcha o‘qug‘uchilarni ham tomong‘a yubordi. Qulluq. Bizning maorif komissarligimiz bo‘lsa bunday ahvollarga “ko‘zni ko‘r, quloqni kar” qilib olishdan boshqa chora topa olmadi. Nimaga? – Pul yo‘q, pul! Farg‘ona muzofot maorif noziri bilan joylardag‘i maorif idoralari orasida janjal. Nimaga desangiz: pul yo‘q!” Andijon shaharida bosmachilardan tozalang‘an qishloqlarg‘a muallim yetishtirmak maqsadi bilan 4 oyliq deb ochilg‘an ta’lim-tarbiya qursi ikki oy davom etkandan so‘ng yopilishqa majbur bo‘lub qoldi. Ul qurslarni buyurub ochturg‘an, ta’min qilmoqni bo‘yniga olg‘an maorif komissarligi – qursning na ochilishidan va na yopilishidan xabar olg‘ani yo‘q. Ul to‘g‘rida kelishmak uchun kelgan kishini maorif komissarligida “5 minutga” zo‘rg‘a qabul etkanlar. Gʻaraz, bu ishlarning hammasi pulsizliq orqasida bo‘ldi. Butun Turkistonda bir o‘zbak tiyotr to‘dasi yashay olmadi. Nimaga desangiz, pul yo‘q. Bir tiyotr binosini markaz bo‘lg‘an Toshkant shahari sololmadi, unga ham pul yo‘q. Biz ham “pul yo‘q” ekan deb tamom xotirjam, bemalol ishimizga ketdik. O‘tkan yil qish oylarida “Kolizey” degan tiyotrni bir shirkat idora etkan ekan. Ko‘rgan kishilarning rivoyatiga qarag‘anda, ul vaqtda mazkur tiyotrning 100 dan ortiq xizmatchisi bo‘lg‘an. O‘zi maorif komissarligi oldidag‘i siyosiy maorif idorasi tomonidan – maxsus ahdnoma bilan shirkatga berilgan. Hukumatning shunday katta bir joyi “o‘zini o‘zi ta’min qilaturg‘an” usulga qo‘yulg‘an. Qish o‘tgan, yoz kelgan. Shirkat sing‘an. Xizmatchilarga pul to‘lashga bir chaqa pul yo‘q. Ish sudga tushgan. Natijada sud 4,5 trilyon pulni maorif komissarligining bo‘yniga yuklagan. Komissarlik esa boshini qashlay-qashlay ul pulni bo‘lib-bo‘lib to‘lamakdadir… “Kolizey” ulug‘ san’at uyi. Temiryo‘ldan, ishchilar mahallasidan yiroq. Shuning uchun uni NEPchilar, chinovniknamo kishilar ko‘b yaxshi ko‘ralar. 500 yil (O‘ZBEK BILIM HAY’ATI E’TIBORIGA) Chig‘atoy adabiyoti va tiliga Navoiyning qilg‘on xizmati juda ulug‘dir. Bu kungi yangi o‘zbek adabiyoti va uning bu kungi sodda shevasi, menimcha, o‘sha chig‘atoy shevasidan o‘zga emasdir. Ba’zi bir kishilar, Navoiydan ancha keyin chiqqan adib va shoirlarimizdan bir-ikkita soddaroq yozg‘onlarini ushlab olib, ularni haddan tashqari ko‘tarmak bilan narigini bir qadar tumanlashdirmoqchi bo‘lsalar ham, Navoiy o‘zbek tili va adabiyotida tegishlik yuksak mavqe’ini olg‘ondir. Usmonli adabiyotining eng ulug‘ vakili bo‘lg‘on Fuzuliyni mashhur usmonli yozg‘uchisi Shamsiddin Somibek Navoiydan keyinga qo‘yib, ko‘rsatadir. Mana bu ham, Navoiyning birgina o‘zbek qavmi adabiyotida emas, umum turk xalqi adabiyotida ham o‘ziga yarasha joy olg‘onini ko‘rsatadir. Tarixlarning ko‘rsatishig‘a qarag‘onda shu bir yil — bir yarim yil orasida ulug‘ Navoiyning vafotig‘a 500 yil to‘ladir… 500 yil o‘zbek-chig‘atoy adabiyoti tarixiga allaqancha narsalar bergan, unda qancha o‘zgarishlar yasag‘on, juda uzun bir muddatdir. O‘z adiblariga 5—6 asrlik bir tarix yashata bilgan xalqlar uncha ko‘b emasdir. Demak, bizga ham shu bir yil orasida shunday katta bir shodliq, katta bir bayram o‘tkazishga to‘g‘ri keladir. Vatandoshlarimiz ruslar Pushkinning har 5 yili uchun ham katta bayramlar yasaydirlar. G‘arbda esa unday bayramlar juda katta tantanalar bilan o‘tkaziladir. Bu to‘g‘rida gapni cho‘zib o‘ltirish hojat emas. Ko‘z bilan ko‘rganimiz ham yetib ortarliqdir. Shuning uchun men aytmoq istaymankim, Navoiyning 500 yilligini biz ham tegishlik darajada tantana bilan o‘tkazishga shu topdan hozirlana boshlayliq. Bu yo‘lda men quyidag‘i choralarni taklif qilib, o‘zbek bilim hay’atining diqqatini shunga jalb qilur edim: 1. Hozirdan boshlab yaraliq kishilarimizdan bir hay’at tashkil qilib, 500 yillik bayramni mumkin qadar tantana bilan o‘tkazish yo‘lini topmoqg‘a o‘shal hay’at vakil qilinsun. 2. Hay’at Navoiyning bosilmag‘on asarlarini topib, bosdirishg‘a lozim ko‘rulgonlarini bayramgacha bosdirish chorasini ko‘rsun. 3. Navoiyning mukammal tarjimai holi yozdirilsun. 4. Navoiyning shevalaridan terma bir asar tuzulub, nafis qilinib bosdirilsun. 5. Navoiy nomig‘a yuqori o‘qush yurtlarining adabiyot-til fakultetlarida o‘zbek talabalari uchun stipendiyalar ochilsun. 6. O‘zbekistonning poytaxtida Navoiyg‘a haykal tikilsun. 7. Ba’zi bir o‘zbek shaharlarining ko‘cha ismlari Navoiy otig‘a qo‘yulsun. Abulziyo Talhabekning vafoti Turkiyaning mashhur muharrir, noshir va matbuotchilaridan Abulziyo Tavfiqbek 1913 nchi yili (Bolqon urushi vaqtlarida) vafot qilg‘an edi. U vaqtdag‘i Turkiya va Rusiyadagi turk gazetalari marhumning vafoti munosabati bilan ancha narsalarni yozib o‘tkanlar edi. Jahon urushining boshidan beri desak mumkin, Turkiya bilan uzulub ketkanmiz. Bizda, bu yerda bo‘lg‘an hodisalardan u Turkiyadagi qarindoshlarimiz qancha xabardorlar, uni biz bilmaymiz. Lekin, Turkiyadagi voqea va hodisalardan biz juda oz xabardormiz. Teleg‘ram xabarlarida nuqul siyosiy xabarlar yozilib, ijtimoiy, ilmiy va adabiy hayotdan hech narsa yo‘qdur. Turkiyaning ulug‘ shoiri Tavfiq Fikratning vafotini, vaqti bilan quloq xabarlaridangina eshitgan edik. Ruscha majmualardan biri, yuqorida zikr qiling‘an Abulziyo Tavfiqbekning o‘g‘li Talhabekning 1921 nchi yilning oxirlarida vafot qilg‘anlig‘ini xabar beradur. Talhabek otasi Tavfiqbekning yo‘lidan ketib, matbaachilik, gazetachilik ishiga berilgan edi. Otasidan meros bo‘lub qolg‘an “Tavhidi afkor” gazetasini taraqqiy qildirmoq uchun ko‘b tirishdi. Gazetaning nafosat jihatini yaxshilash uchun u o‘z qo‘li bilan rasmlar yasar, xarita, chiziqlari chizar edi. Talhabek o‘tlik vatanparvarlardan biri bo‘lg‘ani uchun Istanbul shahri ittifoqchilar qo‘lig‘a kirgandan keyin Sulton Vahid hukumatining g‘azabidan quruq qolmadi. U vaqtning harbiy mahkamasi uni zindonga hukm qildi. Talhabek shu zindonda ilashtirgan sil kasali orqasida edikim, vafot etdi. Undan bir oz keyin mazkurning onasi va Tavfiqbekning rafiqasi ham vafot etdi. Bu xotun-qizlar orasida ochiq fikrlik, matonatigi bilan tanilg‘an edi. Tavfiqbek Sulton Abdulhamid zamonida “Siroj” gazetasi Yulduz saroyiga hujum qilg‘ani uchun mashhur Rados orolig‘i naqi qiling‘an edi. Shu munosabatbilan bechora xotun ko‘b alamlarga yo‘luqg‘an edi. Talhabekdan keyin “Tavhidi afkor”ga ega bo‘lg‘an Abulziyozoda Validbek Mustafo Kamol posho hukumati bilan so‘ng vaqtda juda qattig‘ olishdi. Shu sabablik bo‘lsa kerak, “Tavhidi afkor”ning hukumat tarafidan yopilg‘anlig‘ini xabar berdilar. Har holda “Tavhidi afkor” gazetasi Istanbul gazetalari orasida eng uzoq yashag‘an, nafis va ayniqsa kundalik rasmga ko‘b ahamiyat bergan gazeta edi. Vaqtida Turkiyaning eng nafis asarlar bosturg‘an “Abulziyo Tavfiqbek matbaasi” tirishqoq ota-bolaning vafotidan keyin qandoq holg‘a tushdi ekan? Muni so‘ngroq anglaymiz, ehtimol. Idora – Turkiyada xalofat bitirilib, xalifa Abdulhamid Isvichraga jo‘nag‘an vaqtda uning orqasidan ba’zi irtijochi gazeta muharrirlari, shu jumladan “Tavhidi afkor” gazetasining muharriri ham ketgan edi. “Tavhidi afkor” gazetasi, yangi Turkiya qoshida irtijochilar jumlasidan sanalub, hozirda Turkiyada qabul etila boshlag‘an “lotin” alifbosiga qarshi aksil tashviq qilg‘anlardan biridur. Adabiyot kechasi 10-dekabr, shanba kuni, “Yetimxona” sahnasida Sharq cholg‘u (musiqiy) maktabi tarafidan bir adabiyot kechasi qurildi. Kechaning o‘zida men ul kishilardan angladimkim, tomoshachilarning ko‘pligiga, shubhasiz, yaxshi sezgilar bergan. Bu kecha to‘g‘risida ba’zilar: “Bu Buxoroda birinchi qatla ko‘rilaturgan bir kechadir”, – dedilar. Ba’zilar: “Buxoroda adabiyot va, umuman, san’atga qarshi qurilgan sovuqlik bilan kurash yo‘lida birinchi qadam”, – dedilar. Ba’zilar esa: “Bu hech narsa emas, yolg‘iz Sharq cholg‘u maktabining 3-4 oylik kichkina bir hisoboti”, – dedilar. Bu o‘ylarning qaysi biri to‘g‘ridir? Men ko‘p tekshirib o‘ltirmayman. Men kechaning maqsadi to‘g‘risida so‘nggi o‘yga qo‘shila beraman. Zotan, kechaning ruhi bo‘lgan ulug‘ adib va shoirimiz Fitrat parda ochilmasdan burun so‘ylagan qisqa so‘zida shu fikrni qistirib, aralashtirib ketdi. Hamda to‘g‘risi-da shu edi. Parda ochilishi bilan biz Sharq cholg‘u maktabining o‘ttiz qadar talabalarini qator-qator tizilib o‘tirganini ko‘rdikkim, oldingi qatorda butkul tanbur, oradagilar esa g‘ijjak, rubob, nay aralash edi. Kichkina-kichkina cholg‘ular bir tartib, bir yo‘l bilan ikki-uch mashhur, og‘ir kuylarni chalib chiqdilar. Notasiz, yozuvsiz, yolg‘iz es bilangina cholg‘an bu kichkinalarning cholg‘usi bizga yaqin, sezilarli yanglishlar bo‘lmadi. Turkiston markazi Toshkentdan tortib yiroq Fransiyag‘a qadar buzuq va yasama bir cholg‘u tushgan. Mashxur o‘zbek kuyi – “Eshboy” bu kichkinalar cholg‘ularida butkul boshqa bir ta’sir berdi. Harakat va tovush o‘ynashlari istarlik bo‘lmagan xitobiga ko‘p ko‘z solmaslik, ikkinchi pardada o‘ynalg‘an Fitratning she’r va qo‘shiqlari bilan yozilgan “O‘g‘izxon” tomoshasi tomoshachilarga yaxshi, hatto ortiq darajada chuqur sezgi bag‘ishladi. Bosh ro‘lda – Boboy – Fitrat, O‘g‘iz ro‘lida yana o‘zbekning yangi adabiyot olamida zo‘r hissasi bo‘lg‘an V.M.* o‘rtoq edi. Dunyoga ko‘p shodlik bilan kelib-ketishda bo‘lgan bir kishi “O‘g‘iz”dan so‘ng menga: “Umrimda men buncha yig‘lamag‘an edim”, – dedi. Asarning tomoshabinlarga bo‘lgan ta’sirini men shu o‘lchak bilan o‘lchasam yanglishmasam kerak. Boboy ro‘lida Fitratning sekin qimirlashi, qarashlari va so‘z vaqtida ko‘rsatgan hayajonlari to‘g‘ri va tuzuk edi. O‘g‘izning tovushi ko‘p haybatli chiqsa-da, shu haybatli tovushga kelishmayturgan harakatsizligi bir tan va bir kishida qiziq bir qarshilik chiqarar edi. “Zotlik shundoq bo‘lur”, – dedilar, lekin bu “o‘lik-tirikka o‘lik, o‘zining kuchini sarf etib turgan, yurtining butkul xarobalig‘ini ko‘rib turgan bir o‘likdir”. Shuning uchun shunga yarashar harakat ta’minlanishi kerak edi. Cholg‘u ko‘p buzuq va qiyin chalindi, bolalar qo‘shig‘i ham sezilarlik ravishda chala bo‘lmasa, yana yaxshi edi demakka jur’at qilaman. “O‘g‘iz”ning umumiy ta’siri ko‘p chuqur bo‘ldi, buni qaytarib aytmakka lozim bor. “O‘g‘iz”dan so‘ng cholg‘u maktabi qo‘shiq bo‘lagi talabalaridan kichkina-kichkina uch bola eng og‘ir qo‘shiqlarni aytdilar. Ikki yonlarida Buxoroning mashhur qo‘shiqchilari – biri … (o‘qib bo‘lmadi), ikkinchisi sobiq amir saroyi qo‘shiqchisi muhtaram Mirbobo tanbur chertdilar. Bizning quloqlarimiz Domla Abduhalim bilan aka L. (Levicha hofiz bo‘lsa kerak)dan eshitib o‘rgangan katta va og‘ir mashqlarni kichkina-kichkina bolalar og‘zidan butun og‘irlik, yengillik ilan eshitgach, bilsangiz edi, qancha shodmonlik! Bu kichkina tovushda ustozlariga qancha o‘xshatmalar qilishda, harakatda ham ulardan qolishmas edi. Ularda faqat shu ikki mashxur hofizda ko‘rilaturg‘an qiliqlarni ko‘rgach men hech o‘zimni to‘xtata olmas edim. So‘ngra bir xitobidan so‘ng cholg‘u maktabi hay’at ta’limasi tarafidan ikki-uch mashhur kuy o‘ynalib, kechaning bitkani bildirildi. Parda orqasida birodar Hoshim Shoyiq adabiyot va san’at to‘g‘risida ilmiy va fanniy bir so‘z so‘zladi. Kishi ko‘p, hukumat a’zolarining hammasi deyarlik hozir edi. Shundog‘ kechalar, albatta, mundan so‘ngra-da yasalmog‘i kerak. Mundan so‘nggilarida uch narsaga diqqat qilinsa yaxshi bo‘lur edi: Birinchisi – kuylar va qo‘shiqlar ortiq bo‘lmasin. Ikkinchisi – sahnada va zolda elektrik chirog‘i yorug‘ bo‘lsin. Uchinchisi – joylar sonli (nomerli) bo‘lsin-da, ortiqcha odamlarga kirishga yo‘l berilmasin. Adabiyot nadir? Adabiyot har bir millatning hisli ko‘ngul tarixining eng qorong‘u xonalarida maishat (tirikchilik)ning ketishiga qarab har xil tusda va rangda yetishgan, fayzli til birla taqdir etula olmaydirg‘on bir guldir. Ushbu yashadigimiz muhit doirasinda aning to‘lquni odamning har xil maishatiga qarab o‘zgaradir. Har sinf, xalqning o‘ziga maxsus ohangi, o‘ziga ta’sir qiladurg‘on zori bo‘lur. Mana shul muhit bo‘shliginda bo‘lgan qat’iy to‘lqunning bir-biriga birlashmagidan har odamga har xil shodliq va yo ko‘b achchiq ta’sir etmagindan odamning ko‘nglida o‘zi bilmasdan o‘rnashub qolg‘on va har vaqt, umrining oxiriga qadar saqlanaturg‘on qayg‘ulanmak va yo ko‘krak kerib qo‘b dam olurday oh urmaklar — hamasi ko‘ngilda har xil rangda, har xil kayfiyatda to‘lub yotqon adabiyot xosasindan sanalur. Kishi ba’zi vaqtda shodlikdan kulur va ba’zi vaqtda ko‘z yoshin to‘kub yig‘lar, oh tortar. Odamning mundog‘ har xil kayfiyatga kirub turmog‘i o‘z ixtiyori nla bo‘lmay, balki maishati yo‘lida har vaqt uchrab turadurg‘on falokatning anga ba’zi vaqtda zulm ko‘rsatmog‘i va ba’zi vaqtda bir yaxshilik ko‘rsatub suyundirmog‘idin kelub — yaxshi ko‘rganda suyunib, yomonliq ko‘rganda yig‘lab — shundog‘ bo‘lub ikki turli o‘zgarub turar, ba’zi vaqtda falak bir odamni qayg‘uga solar, ul o‘zi tushunib, o‘ylab turub, oh tortub yig‘lar. Bu hasratlarni o‘z ichiga sig‘dirolmas. Birovga aytsa, «Voy bechora» deyurmukin, deb o‘z qayg‘usini birovga aytmakka tilar. To‘p to‘g‘ri aytganda u qadar ta’sir qilmas. Adabiyot ila aytganda albatta ta’sir qilar. Mening bir oshnamning o‘ldigi xabari kelar. Men hech xafalanmayman. Bir vaqtda maktub kelar, maktubda alarning ko‘rgan kunlari adabiyot ila bunday yozilur: Gullar bila pok qayg‘uli mahzun boqurdi Ko‘z yoshlarimiz to‘xtamay tun-kun oqurdi. Mana shuni o‘qub albatta bir ta’sir ila alarning qayg‘usiga qo‘shulurmiz. Bir bola uxlamasa alla aytarlar. Bola tez uxlab ketar. Chunki ul andin bir lazzat his qulur. Eski bobolarining bir ma’shuqa uchun Qoshg‘ar taraflariga yayov borganini va yo‘lda o‘g‘rilar tarafidan o‘lturulgani g‘oyat yaxshi ohang bilan aytilur. Ul vaqtda bola ta’sirindan uxlab ketar. Shunga o‘xshash o‘zining shavkat va g‘ayrati ila zamonasida butun dunyoni havor va dahshatga solg‘on jahongirlarning o‘tkazgan kunlarin va davrlarin tarixlarda ko‘rsa va eshitsa har kishi yuragida bir botirliq va bir fidokorlik his etar va qahramonona umidlarda bo‘linur. Mana shunday qahramonona umid, qahramonona his va qahramonona g‘ayrat —barchalari tarixiy adabiyotning natijasidan boshqa narsa emasdir. Hech to‘xtamasdan harakat qilub turg‘on vujudimizga, tanimizga suv-havo ne qadar zarur bo‘lsa, maishat yo‘lida har xil qora kirlar ila kirlangan ruhimiz uchun ham shul qadar adabiyot kerakdir. Adabiyot yashasa — millat yashar. Adabiyoti o‘lmag‘on va adabiyotining taraqqiysiga chalishmagan va adiblar yetishdirmag‘on millat oxiri bir kun hissiyotdan, o‘ydan, fikrdan mahrum qolub, sekin-sekin inqiroz bo‘lur. Muni inkor qilib bo‘lmas. Inkor qilg‘on millat o‘zini inqirozda ekanun bildirur. Bizdan boshqa millatlarga ko‘z solsak ko‘ramizki, alarning olti yoshdan oltmish yashar qarilarina qadar adabiyotdan bir lazzat olub oxir umriga qadar adabiyot o‘qub eshitmakni vazifai milliyasidan hisob qilur. Mana shuning uchundirki, Ovro‘poning har shahar va qishloqlarida har kun, har hafta adabiyot kechalari qilinur, adabiyot o‘qilur, nutq so‘ylanub xalq ko‘b kirub ta’sirlanurlar. Mana totor qardoshlarimiz yilda bir daf’a bo‘lsa ham shahar va qishloqlarida «Adabiyot kechalari» qilub xalqg‘a ruh berub ko‘b olqishlar, ofarinlar oldigini g‘azetalardan o‘qub turmakdamiz. Bizlar esak adabiyotdan lazzat olmak bir tarafda tursun, hatto bobolarimiz va bolxosa «Islom madaniyati» zamoninda katta ro‘l o‘ynag‘on va alarning maishatlarin ko‘rsatgan ta’rix umumiylarni o‘qub anglamoqdin ham ko‘b yiroq turamiz. Bizni ulamo va eshonlarimiz to‘n kiymakdan, avomlarimiz choyxonalarga chiqub choy ichmakdan va ziyolilarimiz esa Ovrupo kiyumliklaridan va qiymatlik papiro‘slaridan lazzat olurlarki, «adabiyot nima?» desang, javobida yuqorida aytilgancha «ya’ni, masalan»dan boshqa javoblari yo‘qdir. Mana shuning uchundirki, kundan-kunga ruhimiz tushub, keladirg‘on istiqbolimizga umidsiz qarab, boshqa millatlar kabi shod va umidli yashamaymiz va bizda shodlik va ruh bo‘lmagani uchun bir ishni qilamiz deb endi o‘ylaganimizda o‘y yo‘q — fikrlar chochilub, aqllarimiz parishon bo‘lub ketar. Adabiyot chin ma’nosi ila o‘lgan, so‘ngan qaralgan, o‘chgan, yarador ko‘ngilga ruh bermak uchun, faqat vujudimizga emas, qonlarimizga qadar singishgan qora balchiqlarni tozalaydirg‘on, o‘tkur yurak kirlarini yuvadurg‘on toza ma’rifat suvi, xiralashgan oynalarimizni yorug‘ va ravshan qiladirg‘on, chang va tuprog‘lar to‘lgan ko‘zlarimizni artub tozalaydirg‘on buloq suvi bo‘lg‘onlikdan bizga g‘oyat kerakdir. Endi, ey, qardoshlar! Adabiyot o‘quylik. Adiblar yetishdirayluk, «adabiyot kechalari» yasayluk. Ruh, his, tuyg‘u, fikr, ong va o‘y olayluk, bilayluk. Agarda «bayoz» va bema’ni bir-ikki dona kitoblar ila qolsak, mahvu inqiroziy bo‘lurmiz. Yuragimiz kundan-kun toshdan ham qattig‘ bo‘lur. Yurakni eritayluk, ruh berayluk, inqiroz bo‘lmayluk. Menim bu ojizona fikrima qo‘shilaturg‘onlar bo‘lsa adabiyotning foydasi to‘g‘rusinda «Oina» va «Sado»larimizga tarixiy va adabiy maqola va she’rlar yozsunlar, kitoblar tartib bersunlar. Hozirda bizga birdan-bir lozim bo‘lg‘on narsa — adabiyot, adabiyot, adabiyot… Al-jazira inqilobchilari va uchinchi baynalmilal 3 nchi kommunistlar baynalmilalining raisi o‘rtoq Zinovyevga bu kunlarda Erong‘a qochib kelgan al-Jazira vakillari ushbu nomani yuborg‘anlar: “Tehron. Jumodiyal-avval 1341. Dekabr 21, 1922. Raqam: 15. Rais janoblari! 22 nchi o‘ktabr 1922(?) nchi yilda Angltara hukumati bilan Amir Faysal orasida bog‘lang‘an ahdnoma bo‘yincha, anglizlar o‘lkamizning ozodliq va istiqloliyatini qurmoqni bahona qilib, qo‘shun kuchi bilan uni qo‘lg‘a olmoqg‘a kirishgan edilar. Angltara hukumati bu ishdan ko‘zlagan maqsadini – hali al-Jazirada va ham boshqa mamlakatlarda ta’kid qilg‘an edi. Axiri, al-Jazira o‘lkasi angliz qo‘shuni tomonidan qo‘lg‘a kirgizilib, egallagandan so‘ng anglizlar o‘zlarining chin maqsad va niyatlarini yuzaga chiqardilar. Bu maqsad va niyat esa – ul musulmon o‘lkasini Angltara tuprog‘ig‘a qo‘shub yuborib, qilich kuchi bilan idora qilishdan boshqa narsa emas edi… Al-Jazira xalqi, bu haqoratga juda ta’sirlik javob qaytarmoq qasdi bilan 1919 (?) nchi yilda hammasi birdan bosh ko‘tardi. Bu ko‘tarilishning natijasi Angltara hukumati ham, axiri al-Jazira o‘lkasining istiqloliyatini tasdiq qilib, Hijoz qirolining o‘g‘li bo‘lg‘an Amir Faysal qo‘l ostida mashrutiyat usuli bilan boshqarilaturg‘an bir hukumat tuzushga majbur bo‘ldi. Anglizlarning hiylasiga ishonmayturg‘an al-Jazira xalqi yangi hukumatni bir muncha shartlar bilangina qabul qilib, u hukumatning so‘ngradan ketaturg‘an yo‘lining natijasini kutmakka qaror berdi. Haqiqatan, bu hukumat keyincha yuzidagi riyo pardasini birdan olib tashlab, na Millat Majlisi va na-da mamlakat oqsoqollarig‘a bildirmasdan, faqat angliz nayzalariga tayanibg‘ina o‘lkamiz uchun katta bir bebaxtlik bo‘lg‘an bir ahdnomani aqd va imzo qildi. Agar ul ahdnoma tasdiq qildirilmoq uchun Millat Majlisiga yoki ko‘bchilik o‘rtasig‘a tashlang‘an bo‘lsa, uning ko‘rgulugi boshqacha bo‘lur edi. Barcha aholining fikriga qarag‘anda, bu ahdnoma millatning haqqi va egaligi bilan mamlakatning istiqloliyatiga qo‘l cho‘zmoqdan boshqa bir narsa emasdir. Shuning bilan barobar, bu to‘g‘rida anglizlar tomonidan berilgan ta’minotlar ham oxirda bir muncha dalillar bilan rad qilindi. Rais janoblari, shuning uchun siz va sizning o‘rtoqlaringizning odamgarchilik tuyg‘usig‘a murojaat qilmoqqa jasorat qilib, Millatlar Ittifoqi asoslariga qaramasdan bizning o‘lkamizda paydo bo‘lg‘an ahvol va mojarog‘a diqqat qilmog‘ingizni, umumiy sulh uchun doimiy bir qo‘rqinch tashkil qilg‘an angliz zulm va istibdodidan bizni va bizning o‘lkamizni qutqarub olmog‘ingizni o‘tinamiz. Al-Jazira o‘lkasining favqulodda vakil va namoyandalari.” Bu nomaga qarshi 3 nchi baynalmilal raisi bu javobni yuborg‘andir: “Hurmatlik do‘stlar! Dekabrda yuborg‘an nomangizni ulug‘ bir istak va qiziqish bilan o‘qudim. Angltara hukumatining boshdan-oyoq xiyonat va ikkiyuzlilikdan iborat bo‘lg‘an siyosati al-Jazira fojeasida yana ham ochiq-oydin bo‘lub, butun tagi-tugi bilan maydonga chiqdi. Ajabo, biror joy bormidirkim, angliz jahongirligi u yerda boshqa bir yo‘l bilan yurgan bo‘lsun… Uning siyosati xoh Hindistonda, xoh Misrda va xoh janubiy Afriqada bo‘lsun – hammasi birdir va boshdan-oyoq yolg‘onchiliq, xiyonat, soxtakorliq, zulm va jabrdan iboratdir! Keti, chegarasi bo‘lmag‘an angliz zulmining natijasi o‘laroq al-Jazirada keng va katta bir bosh ko‘tarilish boshlang‘anini bu kungina gazetalarda o‘qub, bildim. 3 nchi baynalmilal u qahramonlarcha kurashning so‘nggini ortiq bir qiziqish bilan kuzatib bormoqdadir. Yaqin ehtimoldirkim, angliz jallodlari bu yangi ko‘tarilishni faqat o‘z kuchlari bilangina bosmoqqa qanoat qilmasdan, bir muncha hiylalar bilan unga ichdan zarba bermakka ham tirishurlar. Hozirdan tarqala boshlag‘an rivoyatlarga qarag‘anda, go‘yo al-Jaziradan xor jafo surulgan inqilobchi sarkardalar bilan qamoqdag‘ilarg‘a anglizlar darxon e’lon qilib, hatto xoin Amir Faysalga “milliy vazir” ham qilib qo‘ymoqchi emishlar. Men o‘ylaymankim, ilgari boshingizdan o‘tkan achchig‘ tajribalar angliz vakili (Sarparisquq)ning ikkiyuzlik “iltifot”larini kuchlik bir jirkanish tuyg‘usi bilan qaytarmoq, rad etmak uchun sizga yordam qilur. Anglizlar agar lozim bo‘lub qolsa, al-Jazira ustida qonli istibdodlarining yana bir necha yillar davom qilib, joylashmog‘i uchun saylovlarning muvaffaqiyat bilan o‘tkazilishiga va ham al-Jazira angliz ahnomasining mahkam va puxta bo‘lub qolishig‘a harakat qilishdan ham tortinmaslar. Nomangizning bir joyida yozilg‘anig‘a qarag‘anda, anglizlar al-Jazirada tutqan ishlari bilan go‘yo Millatlar Ittifoqining asoslariga qarshi harakatda bo‘lunalar emish. Bunda katta bir yanglishliq bor. Ma’lumdirkim, Millatlar Ittifoqi urushdan keyin Angliya, Fransiya, Amriqo va boshqa yenguvchi davlatlar tomonidan tashkil qiling‘an bir muassasadir. Uni tuzmakdan maqsad yengilgan millatlarni talamoq edi. Hozir shu soatda ana shul o‘g‘rilarning boshida turg‘an yana o‘shal Angltaraning o‘zidir! Shuning uchun Millatlar Ittifoqining asoslari bilan, har turlik mudofaa asboblaridan mahrum bo‘lg‘an al-Jazira aholisining havo kemalaridan turub o‘tg‘a tutqan “Angliz asoslari” orasida hech bir ayrimliq yo‘qdir. Buni sizga do‘stlarcha bildirmakdan maqsad, bundan so‘ng yana ba’zi bir yanglishliqlarg‘a tushub qolmasliq uchun, Millatlar Ittifoqining nimadan iborat ekanligini sizga va sizning rafiqlaringizga anglatmoqdir. Al-Jazirani ajnabiy zulmidan ozod qila olaturg‘an bir quvvat bor esa u ham – al-Jazira shahar va qishloq aholisining ajnabiy tasallutiga qarshi olib boraturg‘an jiddiy kurashlaridir, yo‘q esa, bu yoki narigi bir jahongir hukumat yo ittifoq emas. Buning uchun siz anglizlar mamlakatdan chiqib ketganda ko‘bchilik uchun tinchlik va rohat bo‘lishini aholiga anglatib, al-Jazira xoinlari bilan Amir Faysal hukumatining chin yuzini ko‘bchilikka ochib bordirmagingiz kerakdir. Angliya, Fransiya, Germaniya, Rusiya va yer yuzidagi boshqa bir muncha davlatlarning necha milyondan iborat bo‘lg‘an ishchi-dehqonlarini o‘z qanoti ostida to‘plag‘an 3 nchi baynalmilal – sizning harakat va tashabbusingizga qarshi ularning yordam va tavajjuhini ta’min qila olur. Hurmatlik do‘stlarim! Agar siz, mashaqqat bo‘lsa ham, bir martaba Maskavga kela olsangiz men sizni zo‘r bir sevinch bilan qarshi olib, ko‘rushar edim. Agar, voqealarning ketishi sizni Eronda to‘qtatib qolaturg‘an bo‘lsa, al-Jaziradagi angliz idorasining nimadan iborat ekanligini ko‘rsatib, anglataturg‘an suratlarning yig‘ilmog‘ini iltimos qilaman. Agar siz bu to‘g‘rida birar kitobcha yozaturg‘an bo‘lsangiz men ularni sevina-sevina Ovrupo va Sharq tillarida bosdirib chiqarar edimkim, bu ham albatta foydasiz bo‘lmas. Samimiyat bilan qo‘llaringizni qisaman. 3 nchi kammunistlar baynalmilalining raisi.” Boshqarmadan: Bu xabarni biz Bokuda chiqaturg‘an “Qommunist” rafiqimizdan ko‘churdik. Xabarning bosh tomonidan ikki yerda savol alomati (?) bordirkim, uni biz qo‘ydiq. Sababi ham o‘shal raqamlarning haqiqat holg‘a to‘g‘ri kelmasliklaridir. Masalan: angliz qo‘shuni tomonidan al-Jaziraning qo‘lg‘a olina boshlanishi 1922 nchi yilda deb ko‘rsatilmakdadir-da, bunga qarshi al-Jazira aholisining bosh ko‘tarishi 1919 nchi yilda qilinib ko‘rsatiladir… Rafiqimizning bu yerdagi muddaosini yo biz tushuna olmadiq, yoki aslida bir oz xato ketkan. Har holda bir anglashilmayturg‘an nuqtasi bor. Shuning uchun biz al-Jaziraning angliz tasallutiga o‘tishi tarixidan qisqag‘ina raqamlik ma’lumot berib o‘tmakchimiz: Angliyaning al-Jaziraga tajovuzi aslida jahon urushining avvallarida (21 nchi no‘yabr 1914 nchi yilda) boshlanadirkim, shu kun anglizlar Basra shaharini oladilar. So‘ngra ular uchun katta bir muvaffaqiyatsizlik ro‘y beradir: 29 nchi aprel 1916 nchi yilda general (Tounsand) “Kutal-amora”da 20000 qo‘shuni bilan turk va arablar qo‘lig‘a asir tushadir. Shundan so‘ng bir yilgacha anglizlar qimirlaya olmasdan turub, oxirda 1917 nchi yil mart oyida urush boshlab, Bag‘dod shaharini oladirlar. Al-Jazira safarining 1918 nchi yili 30 nchi sentabrda Turkiya qo‘shunining yuqori Dajlada yengilishi bilan tamom bo‘ladir. Shul yengilishda turklardan 7000 kishi anglizlar qo‘lig‘a asir tushgan. Shu yilning 9 nchi o‘ktabriga kelib al-Jazira tugal anglizlar qo‘lig‘a o‘tadir. Shu munosabat bilan Amriqoda: “Anglizlar dunyodag‘i qorayog‘ konlarining 90 foiziga ega bo‘ldilar, biz bo‘lsaq og‘zimizni ochib qola berdik!” degan gap chiqadir. 1919 nchi yili yanvar oyida anglizlar Bag‘dod temiryo‘lini o‘z taftishlari ostig‘a olalar. Undan so‘ng bir muncha vaqt al-Jazira mas’alasida chuchmallik hukm surar. Ya’ni: uning ustida ittifoqchilarning o‘zaro janjallari boshlanadir. Bu hol 1920 nchi yilning aprel oyig‘acha cho‘zuladir. So‘ngra shu tarixda San-Remoda bir kanferensiya bo‘lub, Suriya bilan al-Jazira o‘lkalari ikki mustaqil davlat deb taniladirlar. Bu tanilishning birgina sharti bordirkim, ul mustaqil davlatlar qo‘lida mandati bor davlatning qaror va kengashlariga bo‘yun egmakka majbur” bo‘ladurlar. Al-Jaziraning mandati Rusiya, Angliya va Fransiya o‘rtasida 1916 nchi yilda bo‘lg‘an bitishish bo‘yincha Angliyaga berilgan edi. Arab va kurd xalqining anglizlarga qarshi bosh ko‘tarishlari 1919 nchi yil o‘ktabr oyida yuqori al-Jazirada boshlanadir. 1920 yilga borib bu ko‘tarilish umumiy bir shaklga kiradir. 1920 nchi yilda Angliya kamissari (Sarquq) al-Jaziraga uning nayranglik va usta siyosati natijasida 1921 nchi yilning iyun oyida Amir Faysalning amirligi xoin, sotilg‘an arablar tomonidan tasdiq qilinadir. Al-Jazira o‘lkasi shu bilan bir oz tinchlangan kabi bo‘lsa-da, u yerda inqilob uchun puxta bir zamin hozir bo‘lub, qo‘zg‘alish harakatlarining doim davom etmagi so‘ngg‘i (1922 nchi yil) teleg‘romlaridan va manovi inqilobchilarning Erong‘a qochib kelishlaridan ko‘runub turadir. Har holda al-Jazira mas’alasi angliz hukumati o‘ylag‘ancha oson emas, balki ba’zi bir angliz siyosiy doiralari tushungandek ko‘b og‘ir va qiyin bir mas’aladir. Aldamchi o‘g‘rilar yoxud lo‘lilar Turkiston musulmonlari orasig‘a zararli qurt va hasharot kabi joy olgan qalandar nomida bir guruh loyaflihun bor edi. Bulardan umumturkiston musulmonlari mutazarur edilar. Hamdlar o‘lsunki, markaz Turkiston bo‘lan Toshkand shahrida g‘ayur va faol hukumat ma’murlarining hamda yosh musulmonlarning g‘ayrat va hamiyatlari ila bularning tilanub yurmaklari man’ qilindi. Yashasun arbobi ijtihod va ashobi himmat! Bu yaxshi tashabbus Turkistonning boshqa shaharlarida ham aksi andoz o‘lmakdadir. Ibrat ila bu ishni tatbiq etmak har vijdon sohibiga vazifa vojibul-adodir. Bulardan boshqa Turkistonda yana (lo‘li)lar bordirki, bular qalandarlardan ham mudhish va zararlidirlar. Bu toifa hamma shaharlarda bir miqdor bo‘lub, erlari aslo mashru’ kasb ila shug‘ullanmaslar. Xotunlari esa yelkalariga xurjin solub ko‘cha bako‘cha kezurlar. Ba’zilari gadolik tariqasida, ba’zilari har xil mayda narsalar sotmak tariqasida uydan-uyga yurub bechora xotunlarimizni “fol boqaman, uyingda amal bor, jodu bor” deb aldarlar. Pullari bo‘lsa pullarini, bo‘lmasa eski kiyimlarini va erlari necha mashaqqatlar ila yig‘qan don va g‘allalarini bemiqdor olub ketadirlar. Shunday qilub bechora johila xotunlarimizni xurofotdan xurofotga solmakdadirlar. Joyi kelsa o‘g‘rilik ham yosh yigitlarimizning axloq va nomuslarini buzadirgan yomon ishlardan ham tortinmaslar. Yana o‘zlarini chin musulmonliklarini da’vo qilurlar. Taassufki, bularda islomiyat osori ko‘runmaydir. Ko‘zga ko‘runadirgan masjid, maktab va madrasalari ham yo‘q, bovujud bir firqa xalqimiz alarning so‘zlarig‘a ishonub tag‘ofil qilmakdadirlar. Shahrimizning bir eshoni yaqin orada betob bo‘lg‘an ekanlar shunday lo‘li xotunlardan biri kirub eshonning holig‘a ko‘p afsuslar qilur va eshonga “Sizg‘a birov amal qilg‘an ekan, shuni ichingizdan tortub olsam tuzalib qolursiz” der. Eshon aning so‘zini qabul qilub amalni oldirgan ekan. Uch-to‘rt kundan so‘ng yaxshi bo‘lub qolibdur. Bundan so‘ng ul zotning lo‘lilarg‘a ixloslari ziyoda bo‘lub boshqa odamlarg‘a lo‘lilarni ta’rif qilub alarni ham shunday amal oldirmakg‘a targ‘ib qila boshlabdirlar. Ish bunday bo‘lmasa yaxshi edi. Ulamo va avomlarimizning har birlari bu toifaning zararlarini tushunub oramizdan tez yo‘qotmak sa’yida bo‘lsalar, va alarni o‘z havlilarig‘a kirguzmasalar edi. Hamda hukumat ahlilaridan iltijoda bo‘linub ko‘chalarda ham yurutmasalar edi. Chunki yuqorida so‘ylaganimcha xalqimizga bir toifadan ko‘b zararlar yetishur. Ham bu yo‘l ila topgan oqchalarin dangasa va yalqov erlarig‘a berurlar. Erlari bularning orqasidan davlatlik bo‘lub qolub uch-to‘rt mingg‘a qudratlari yetadir. Ham har qaysilari ikki yuz-uch yuz so‘m turadirgan uloqchi otlardan ikki, uchini boqub har jum’a va yakshanba kunlari dalaga chiqub uloq chopurlar va go‘rudg‘a chiqub ichkulik qilub, katta ko‘chalarda mast bo‘lub yururlar. Mening fikrimcha, bu balodan qutulub qolmak shul fursatlarda mumkin bo‘lsa kerak. Chunki menim yo‘lim ko‘pincha eski bozori ustidan bo‘lur edi. So‘ngg‘i ikki-uch haftadan beri bozor tinchroq bo‘la boshladir. Sababini eshitsam qalandarlarning ko‘chag‘a chiqub tilanub yurmaklari man’ qilingandan keyin bular ham qo‘rqushub bozor va ko‘chalarga chiqub yurmakni tark qilg‘an ekanlar. Shul sababli eskilarini sotmak uchun bozorga kelmay bozor tinchub turgan ekan. Biz muning ila kifoyalanmayluk, bu kun chiqmay tursalar bir-ikki oydan so‘ng yana sekin-sekin chiqa boshlab o‘z ishlarida davom qilurlar. Ul vaqt yana mundan ortiq zararlar ko‘rurmiz. Shuning uchun har ishlarda fuqaroparvar bo‘lgan hukumat ma’murlarini bu to‘g‘rida durustroq chora qilmaklarini ko‘bdan-ko‘p umid qilurmiz. Andijon ulug‘ kunlar arafasida Chinakam, Andijon mundoq kunlarni umrida ko‘rmagandur. Olomon qo‘zg‘alishi va “ur Bobirni, ur!” deb qora kaltaklarning qo‘zg‘alib chiqishlari, Bobir kabi usta bir hukmdorni Andijondan qochirg‘an bo‘lsa ham Andijon aholisi hozirg‘idak ajoyib kunlarni ko‘rmagandur. Besh-oltita kallasi xom, kibr va g‘ururi botmon-botmon bo‘lg‘an sarkardalarning yovvoyi istaklarini qondirmoq uchun bir-biriga yov bo‘lushub qirilishqan o‘zbek, qirg‘iz va qipchoqlar ham Andijon shahari qo‘ldan-qo‘lg‘a o‘tub yurgan vaqtlarida bu kungidek g‘alati damlarni kechirgan emasdur. Otasi Xudoyor bilan “taxt va baxt” talashqan Nasritdinbek Andijon begi (voliysi) edi. Otasig‘a qarshi yurgizgan hamma fitna va mojarolarini u ham shu Andijonda o‘tkazgan. Lekin, “Nasritdinbek to‘palangi” deb yurgizilgan to‘palanglarda ham Andijon xalqi bu kunlarning bilib yugurishini ko‘rmagandur. Undan keyin ichki urushlar, bosmachiliq davrlari… U davrda Andijon shahari har kun bir nechta fojea ko‘rar, haftada nechta to‘palang va “qoch-qoch”larning boshini yer edi. Lekin, bu kunning “po‘sht-po‘sht”lari Andijon aholisining ko‘kragidan boshqacha joy oldi… boshqacha! Boshqacha! Chinakam, boshqacha! Ko‘chalarda – yurushlar boshqacha! Mahkamalarda – harakat boshqacha! Firqada – majlislar boshqacha! Hamma narsa boshqacha! “Oyishaxonim” tomondan kelib, bebozor kuni bozorg‘a o‘tub ketayotqan ikkita qari cholni ko‘rdim. Vofurushlikning narigi boshidan tortib, “Birja”gacha orqalaridan ergashib keldim. Ana u ikki “siyosiyun”ning suhbatini eshiting: – Bu nima to‘palang yana? – Kattasi kelar emish. – Nelinimi? – Yo‘q-yey… Nelini o‘lgan emasmi? – Munisi qaysi bo‘lmasa? – Samarqanddagi kattasi emish… – Xayriyatlikmi ekan, ishqilib? – Juda xayriyatlik deydi… Yurtni obod qilish maslahati deydi. – Ko‘chalarni tozalatdirg‘ani shunga desangiz-chi. Shu choqda Andijon tuman-shahar ijroqo‘mining rais noibi o‘rtoq Xalilif “tasira-tusur” qilib izvoshda o‘tub ketdi. Haligilar atlas qorovul (“Atlas poshsho” demadik. Savlat tog‘amiz xafa bo‘lub qolarmikan?)ning bo‘tkasiga yaqinlashib kelib, ijroqo‘mning uchar otlari va “gumbir” foytuniga “zavq” qilib qarab turadilar-da, burulub bordon bozor tomong‘a ketdilar. Shunda, haligi chollardan ma’lumoti ko‘pragi narigisiga qarab, boyag‘i gaplariga guvoh keltirganday qilib dedi: – Ana monovisining hovliqqanini qarang. Hammasi ham o‘sha haligi “keldi-keldi” uchun-da… Chinakam bechora Xalilif o‘rtog‘imiz tuzuk-quruq uxlayolg‘ani ham yo‘qdur. Undan ancha og‘ir bo‘lg‘an Hakimxo‘ja o‘rtog‘imiz ham, kecha-kunduz ko‘chalarda ish ustida bo‘ldi. Markaz ijroqo‘m tomonidan hozirliq ko‘rushga ta’in qiling‘an vakil – o‘rtoq Rahimbobo o‘g‘li qora popkasini ko‘tarib, kula-kula tegirman toshini har kun o‘n martaba aylandi. Kamayef bilan Abdulhayning hovliqqanig‘a had yo‘q! Melisalarimizning hech bittasi bir dam tingani yo‘q desak yolg‘on bo‘lmas. Mana bu – Andijon shaharidagi hukumat vakillarining arafa kundagi ahvollari! O‘zbekiston markaz ijroqo‘mining bu 3 nchi yoppa majlisi Andijon shahrining bir necha xil “yoppa” va tuzalmas jarohatlariga juda yaxshi doru – davo bo‘lub qoldi. Andijon ijroqo‘mining qayta-qayta qilg‘an qarorlari, siyosiy maorifdagi Kamayef bilan Abdulhayning shuncha yugurub yelishlari – na yozliq sahnani va na qishliq sahnani ko‘ngildagidek tuzata olmag‘an edi. Yoz o‘tub, kuz tugay deb, qish yaqinlashib qolg‘ani uchun bu yil ularning butub ketishlariga ham umud qilmag‘an edi. Birdan “lop!” etib bu yoppa majlis chiqib qoldi va shuning sharofati bilan haligi sahnalar ham ko‘ngildagidak bo‘lub, bitib ketdi. Endi, mundan keyin qolg‘an-qutqani bo‘lsa, shahar o‘zi to‘ldirar, to‘ldira olmasa – undan keyin birgalashib “jirtak” cholisharmiz. Hozir Andijon shahrini ko‘rsangiz taniy olmaysiz. Temiryo‘l bekatidan tushub asta-sekin tegirman toshig‘acha, undan o‘tub Jome’gacha balki Soyg‘acha boring – ozodalikdan boshqa narsa ko‘rmaysiz. Qizil bayroqlar. Ozoda yo‘llar. Harakat. Yelish-yugurush. Mana – Andijonning bu kungi ta’rifi. Gap – shahardagina bo‘lsa, hisob emas. Bu tumtaroqlarning hammasi qishloq uchun, to‘g‘risi – qishloq bilan shaharning ikkalasi uchun qilinmoqdadur. Shaharning ishchi-kosiblari bilan qishloqning qo‘shchi va batraklari uchun shu yelish-yugurushlar bo‘lub turadur. Shu uchun bu kunlarni na Bobir, na Xudoyor va na boshqalarning davriga o‘xshatib bo‘lmaydur. Chinakam Andijonning bu ulug‘ kunlariga o‘xshatilaturg‘an narsa uning o‘z tarixida bo‘lmag‘an. Andijon uyezdida maorif haftasi (Umumiy hisob) Maorif haftasi allaqachon tamom bo‘lub ketdi. Uning borishi va natijasi to‘g‘risida ilgari ham bir yozub o‘tgan edim. U vaqtlar hisoblar tamom olunub bitmag‘ani uchun haftaning umumiy natijasi chala qolg‘an edi. Endi bu safar u chalani to‘lg‘azamiz. Toshkantda o‘lkamizning maorif ishlari to‘g‘risida, katta bir kengash majlisi bo‘lub, unda o‘rtoq Irisqul o‘g‘li (Risqulo‘f) kichkina bir narsa aytub o‘tgan edi. O‘rtoq Irisqul o‘g‘lining so‘zlari orasida «maorif haftalaridan unga yaxshi natija chiqmadi» degan bir da’vo bor. Bu da’vo to‘g‘ri. Maorif haftalaridan unga ko‘b narsa chiqmadi: to‘g‘risini aytsak biz kutgan natijalar chiqmadi. Umuman, har xil hafta va oylar – bir-bir keyin kelaberib ishlaguchini ham, xalqni ham xiyla charchatqanga o‘xshaydur. Haftalpar bo‘lg‘anda biz ochiqdan-ochiq ko‘rar edikkim, ko‘brak vazifa majburiyati bilan ishlb qo‘yalar edi. Shuning uchun haftalarimiz ko‘b vaqt sovuq chiqar edi. Bizning uyezda maorif haftasi xiyla yaxshi o‘tdi. Uyezimizning ko‘b joylarida mana bu ichki urushlar vaqtda xarob bo‘lub, yo‘qsullikka tushub qolishiga qaramasdan molliy yordam bera oldi. Haftani o‘tish komisiyasi qo‘lidagi hujjatlarga qarag‘anda, haftadan hozirgacha o‘tgan naqd mablag‘ shundan iboratdur: chervon bilan 1980 so‘m, qog‘oz pul bilan bir million to‘quz ming sakson sakkiz so‘m, 10½ put guruch, 23 ½ put sholi. Haftada eng ko‘b va ulgurji yordam qilg‘an Bozorqo‘rg‘on rayuni bilan Jalolobod rayunidur. Masalan: Bozorqo‘g‘on rayunidan chirvon bilan 1080 so‘m, 2 obligatsiya topshirilg‘an. Jalolobod rayuni 282, 430 so‘m pul, 20 bosh qo‘y, 35 pud karto‘shka, 23 ½ pud bug‘doy, 21 pud makkajuhori yig‘ib bergan. Bularning puldan boshqa narsalari o‘sha joydagi qirg‘iz-qozoq internatiga berilgan. Rayunlardan so‘ng Yorboshi, Sultonobod, Qo‘rg‘ontepa, Haqqulobod va Oltinko‘l bo‘luslari keladur. Bularning barchalari shundoq: Yorboshi bo‘lusi 36.125 so‘m pul, 15 pud guruch, 23 ½ pud sholi, Sultonobod chirvon bilan 150 so‘m qog‘oz pul bilan 124.50 so‘m, Qo‘rg‘ontepa chirvon bilan 150 so‘m qog‘oz pul bilan 5330 so‘m, Haqqulobod 138.860 so‘m qog‘oz pul. Hozirgacha oling‘an hisobga qaraganda boshqa rayunlarning uncha mazasi yo‘q. Sayildan 76.200 so‘m, har xil kecha va tomoshalardan 60.000 so‘mgacha pul tushgan. Bir imzo varaqasidan chirvon bilan 90 so‘m, qog‘oz pul bilan 33.000 so‘m tushgan. Izboskent va Bozorqo‘rg‘on bo‘luslaridan ko‘b imzo varaqalari hali topshirilmag‘an. Boshqa bo‘luslardan ham imzo varaqlarini haligacha topshurub tugatmaganlari bor. Besh-olti yildan beri buzg‘unlikdan boshqani ko‘rmagan Farg‘ona dehqonlari, qishloq kambag‘allari hali ham o‘qush bilim yo‘lida katta ximmat ko‘rsatub turubdurlar. Ibrat! Andijon uyezdining sho‘rolar qurultoyi 27 nchi no‘yabrda eski shahardagi yerlik xalq teatri binosida Andijon shahar va uyezining sho‘rolar qurultoyi ochildi. Andijon shahar va uyez qurultoylari orasida tamom tinchilik bilan bebosmachi va beg‘alva ochilg‘an qurultoyi bo‘ldi. Bu holni – qurultoyda so‘z olib gapirg‘an har kim haqli bir sevinch bilan bir martaba aytub o‘tdi. Qurultoyda uyezning eng uzoq yerlaridan, ya’ni: shahardan 300 chaqirimcha yiroq joylardan kelgan vakillardan boshqa mehmon sifati bo‘lgan ushbu o‘rtoqlar bor edilar: Turkiston jumhuriyati markaz ijroqo‘m raisi va ijtimoiy sho‘ro jumhuriyatlari ittifoqi inqilobi – harbiy sho‘rosining a’zosi o‘rtoq Hidirali o‘g‘li, O‘rta Osiyo buyro‘sining raisi nomli o‘rtoq Karkmen, jumhuriyatimizning adliya komisari o‘rtoq Dadaboy o‘g‘li, Turkiston maydoni harb bosh qo‘mondoni o‘rtoq Gladorskiy, Farg‘ona muzofot firqv qo‘mitasining mas’ul sarkotibi o‘rtoq Segizboy o‘g‘li, muzofot ijroqo‘m raisi o‘rtoq Alixo‘ja o‘g‘li va boshqalar. Qurultoy 29 no‘yabrgacha davom qilib, quyidagi masalalarni qarab hal qildi: 1) ahvoli zamon, 2) shahar va uyez inqilobiy qo‘mitasining hisobi, 3) moliya va soliq siyosati, 4) maorif ishlari, 5)sho‘ro tuzumini va mahkumlashdirish (raytirovaniye) masalasi, 6) yangi ijroqo‘m saylash va boshqalar. Ahvoli zamon to‘g‘risida chiqarilg‘an qarorda Girmoniya mehnatkashlariga salom va shu ichra boylariga qarg‘ish yuborildi. Shahar va uyez inqilobiy qo‘mitasining (so‘ng vaqtlarda inqilobiy-harbiy qo‘mitasi bo‘lg‘an edi) ishlari qanoatlanarlik topilib, kamchiliklari ham ko‘rsatilgandan keyin, yangi ijroqo‘mga yo‘l-yo‘ruq chizib berildi. Moliya va soliq siyosati to‘g‘ri topilib, unga ham ba’zi yo‘llar ko‘rsatildi. Maorif ishlarida zaiflik borligi vakillarning ishtirokidan ma’lum bo‘ldi. Munga ham tegishlik yo‘llari ko‘rsatildi. Sho‘ro tuzumini ishlari to‘g‘ri deb topildi va mahkumlashdirish xususida Andijon shahar va uyez inqilob qo‘mitasi qoshidagi komisiyaning qilg‘an ishlari tasdiq qilindi. Yangi ijroqo‘m saylovi bo‘lub inqilob qo‘mitaning hay’atida ham yaxshi faoliyat bilan ishlagan o‘rtoq Gʻozi o‘g‘lining rayosati ostida yangi hay’at saylandi. Bu hay’atga mahkum rayunlardan ko‘broq odam olindi. Qurultoy vakillari tabiiy bir mayl bilan ikki narsaga ortiq ahamiyat berdilar: biri – soliq siyosati, ikkinchisi – maorif ishlari. Soliq siyosatining o‘zi to‘g‘ri topilsa ham, dehqonchilik solig‘ini olish ishida qurulgan bir muncha texnika xatolari ko‘b qilindi. Haligi xatolar to‘g‘risida qishloqlardan kelgan mehnatkash vakillar ma’ruzachiga ko‘b savollar berib, so‘z olub so‘zlab, shu yo‘l bilan masalaning ravshanlashishiga ko‘b katta yordam qildilar. Maorif masalasiga ham vakillar juda yaqindapn, ixlos bilan aralashub maorif ishlari xususidagi ma’ruzasini savollar bilan gangiratdilar. Maorif ishidagi xatolar ham ochiq ravshan ko‘rsatildi. Vakillarning hammasini bir hovuch, bir siqim qilib olsak shu hovuch, shu siqimdan tabiiy ravishda chiqqan kuchlik talab, quvvatli tovush shu edi. Bizga maktab beringlar! Qurultoy a’zolari bilan markazdan kelgan mehmonlar xususiy suratda ham ko‘b gaplashdilar. Mehmonlarning hammasi dug‘uldek qurultoyning majlislariga aralashub, markaz bilan masalani birinchi martaba tom va tugal birlashdirdilar. Shularni ko‘rub menim ko‘nglimga bir uzoq va qiyin tilak keldi. Turkiston markaz ijroqo‘mi bilan komisarlar sho‘rosini bir haftagagina shahar-shaharga ko‘churub kelinib, ba’zi bir majlislarni tog‘ oralaridagi qishloq va ovullarda qilinsa ….dedim. Dunyoda mumkin bo‘lmag‘an narsa yo‘q. Xalq bilan hukumat topishqanda har narsani qilmoq mumkin. Andijonda maorif haftasi Gazetalarga ko‘z solub boraman: maorif haftasi to‘g‘risida juda oz yoziladur. “Farg‘ona”da o‘rtoq Nizomboy o‘g‘lining bir narsasi bosilub chiqdi. Shundan boshqa maorif haftasining jig‘i-biyronini titadurg‘an bir narsa ko‘rulmadi. Bir-ikkita yarim yumshoq narsalar o‘tdi, bas… Bizning Andijonda ham maorif juda sharpasizo‘tub boradur. Maorif tegrasida yurgan bir necha kishidan boshqalar u xususni daryoning narigi yoqasiga o‘tkazib qo‘yg‘anlar shekillik! Maorif haftasini o‘tkazish uchun bu yerda ham bir komissiya tuzilgan. Komissiya raisi: maorif noziri o‘rtoq Kasatkin bo‘lub, a’zolari: Kupriyanuf (firqaning mas’ul sarkotibi), Gʻoziyuf (inqilob qo‘mita raisi) o‘rtoqlardur. Komisiya sentyabr oxirlarida tuzulgan bo‘lsa ham birinchi o‘ktabrdangina ishga boshlag‘an. Komisiyaning tashabbusi bilan uyezning mahkumi (rayuni)da mahkum komisiyalari uyushtirilgan. Bu komisiyalar bo‘luslardan vakillar qiradur. Komisiya tomonidan mahalalarga qog‘oz yuborilub, har yerda hafta foydasiga sayil qilishqa ruxsat berilgan bo‘lsa ham, sayil faqat Jalabek degan qishloqdagina bo‘lg‘an. Rayunlarda. Eski shaharda, shahar atrofidagi 3 bo‘lusda firqasizlar konferensiyasi bo‘lub, hafta to‘g‘risida ma’ruzalar qiling‘an. Haftaning butun hisobini hali olg‘ani yo‘q. Hozirgacha tutgan tushum shahardan yig‘ilg‘an 200,000 so‘m (23-yil puli bilan) dan iborat.Qishloqlardan hali daragi yo‘q. Eski shahar to‘qug‘uchilar soyuzi bilan ko‘nchilar soyuzining a’zolari bir kunlik xizmat haqlarini hafta foydasiga bermakchi bo‘lg‘anlar. Mundan boshqa ham mayda-chuyda kirimlar bor. Shu kirimlardan bir qismi darsliklar olish uchun Toshkandga yuborilg‘an. Haftadan tushgan tushum bilan ba’zi maktablarning shikast-rextini tuzatub, darsliklar va bolalar uchun oyoq kiyimi eplab olish umidi bor. Hafta to‘g‘risida qolg‘an ma’lumotni shundan so‘nggi maktubimda bildirgayman. Hozirgi, shahrimizda (eski shaharda) ikkim ot o‘yun (sirk) va bir kartina davom qiladur. Odam degan narsa har ikoviga ham (mirklarga) har kun liq to‘lub turadur. Bu to‘g‘rida ham gap ko‘b. Lekin, hozirga shunchasi bas. Andijonda maorif ishlari (O‘z xabarchimizdan) Yoz kelib maktablar ta’til bo‘lg‘andan keyin maorif nazorati bu yozni bir oz istifodaliroq qilib o‘tkazmakchi bo‘ldi. Shu mas’alada bizning maorif nazoratimiz gapdan ko‘ra ishni oldig‘a qo‘yub, indamasdangina ikki yaxshi ish qilib qo‘ydi. U ikkita ish – shaharimizda ochilg‘an ikki yozliq qurslardur. Qurslarning biri mavjud maktablarning muallimlari uchun bo‘lub, ularning ma’lumotlarini kengaytmak maqsadini kuzatadur. Qursqa muallimlarning hammasi degundak davom etadur. Ta’lim jihatini shahrimizning muqtadir o‘rus muallimlari olub boradur. O‘z hunarlariga yaxshi tayyorliq ko‘rgan o‘rus muallimlarining leksiya ravishida bergan darslaridan muallimlar yaxshi istifoda qilg‘an bo‘lsalar kerakkim, maqtab suyunib gapirdilar. 17 nchi iyulda Farg‘ona muzofot firqaqo‘m mas’ul sarkotibi Karim o‘g‘li va muzofot ijroqo‘m raisi Alixo‘ja o‘g‘li o‘rtoqlarning ishtiroki bilan maorif va hukumat ishchilarining qo‘shma majlisi yasalg‘an edi. Shu majlisda har hafta panjshanba kuni soat 12 dan so‘ng muallimlarni to‘plab, mas’ul ishchilar bilan birga kengash majlislari yasab borishqa qaror berildi. U majlis ham mazkur qursning binosida bo‘lg‘usidur. Jumhuriyat va ittifoqning turluk maktablariga talaba tayyorlamoq uchun birinchi o‘zbak internati qoshida hozirliq qurslari ochildi. Bu qursqa shahar – uyaz maktablarining eng layoqatlik talabalari to‘plang‘an. Ta’lim jihatini Boku dorulmualliminining yuqori sinflarida o‘qug‘uchi talabalarimiz olub boradurlar. U qursning ham davomi yaxshi. Bu keyingi qursning ahamiyati shundadurkim, bu choqqacha jumhuriyat va ittifoq maktablarida anjanlik talabalarning soni barmoq sonig‘a ham yetmay keldi. Munga Anjandagi behuda guruhbozliqlar qancha sabab bo‘lg‘an. Endi bu ishga maorif nazorati jiddiy ahamiyat berdi, ijroqo‘m bilan hukumat ishchilari ham qo‘llashdilar. Natijada qurs ochildi. Qurs talabalari yaxshi tayyorlansalar, Anjan, jumhuriyat va ittifoq maktablaridan bu yil tegishlik qismatini ola olg‘usidur. Faqat, bu qursning ham ta’lim jihatini kuchaytirmak – munga ham berigi qurs qadar, balki, undan ortiq ahamiyat bermak kerak. Nimagakim, kelgusining chin muallimlari shu doiradadur. Har holda, Anjan maorif nazoratining shu choqdag‘i harakatlarini olqishlab olishqa to‘g‘ri keladur. Andijonda maorif ishlari Sovnarqo‘m oldida tuzulgan maorifga yordam qo‘mitasining yo‘lida ishlamak uchun ijroqo‘m qoshida «Maorifga yordam byurosi» tuzuldi. Doimiy bo‘lg‘an buyuroning umumiy hay’ati shu o‘rtoqlardan iborat: Rahmatulla o‘g‘li (ijroqo‘mdan), Besrof (firqaqo‘mdan), Kasatkin (maorifdan), Eshonxo‘ja o‘g‘li (yosh kommunistlardan), bir kishi kasabalar tashkilotidan. Buyuro ishga kirishdi. Maorif nozirlig‘ig‘a shahrimizning faol ishchilaridan o‘rtoq Sulton Mas’ud Holbotir o‘g‘li tayinlandi. Uning harakati bilan maorif ishlarining jonlanib ketishiga umud bor. Ijroqo‘m tomonidan maorif nazoratiga buyurulg‘andurkim, uyez maktablariga ko‘brak ahamiyat berib: ismetada uyez uchun chiqarilg‘an pullarni tugal uyezga sarf qilsun. Shahardagi internatning ko‘b bolalari uyezlik bo‘lg‘an uchun internat shahar uyez internat otalib, ta’minotiga uyez pulidan ham olinadurg‘an bo‘ldi. Oltunko‘l bo‘lusi Qorayor ichida Sirdaryo suvida qatnab turaturg‘an 6 ta qayiq bor ekan. Bo‘lus mahkamalaridan shu qayiqlarni maorif foydasiga ishlatish kerakligi to‘g‘risida ijroqo‘mga murojaat tushgan. Ijroqo‘m, u murojaatni qabul qilib, ijrosini bo‘lus hukumat mahkamalariga topshirdi. Andijonda musulmoncha tiyotr Ushbu yil 6-iyun Andijonda yerli yoshlar tarafidan birinchi martaba tiyotr o‘ynaldi. Tomoshaga Hoji Mahmud afandining “Padarkush” ismli fojiasi qo‘yildi. O‘ynovchilar shul qadar muvaffaqiyat va usta o‘ynadilarki, tiyotr na ekanin fahmlaydirgan ovrupolilar ila o‘n marotaba o‘ynagan artistlarga o‘xshaydirlar. Har parda orasida shul qadar olqishlar bo‘ldiki, biz ko‘rgan tiyotrularda bo‘lgan yo‘q edi. Tiyotrdan so‘ng yerli muzika ila hamma o‘ynovchilar sahnada xor ila Abdulla Avloniyning “O‘qusin yoshlarimiz!” ash’orini o‘qub, xaloyiqni olqish va ofarinlarga muzahhar qildilar. Sof foyda bir yarim ming so‘mga yaqin bo‘lgan bo‘lsa kerak. Mundan yigirma prosenti Andijonda yangi solinmakda bo‘lgan qizlar gimnaziyasi foydasina berilub, qolmishi San’atga oid xabar, taqriz va maqolalar 63 bir kishi vositasi ila bonkda bir xayr ish uchun saqlansalar kerak. Tiyotr o‘ynovchi yoshlarning g‘ayratlarin va alarga qarshu turuvchilarning hollarin “Farg‘ona ta’siroti” maqolalarimda yozsam kerak. Andijonda totor yoshlari Andijonda tatar yoshlari tarafindan adabiyot kechasi yasalurg‘a bo‘lg‘an edi. Boshinda yuruvchilar torolub, bo‘lmiy qoldi. Adabiyot kechasi bo‘lsa jamoat ishlarina boytoq iona jiyuluvi umid etula edi. Yoshlarimizning yo‘qg‘ina bir narsa uchun torolishub kechaning bo‘lmiy qoluvina taassuf etuladir. Andijonda vaqf ishlari Ishlar yo‘lida. Andijon vaqf shu’basi o‘z ishlarini yaxshilab yo‘lga qo‘ymoq uchun tinmasdan ishlab turubdir. Markaz va mahallalar bilan aloqa. Ba’zi bir xil ishlarning vaqti-vaqtida bitmasdan, kechikib qolishig‘a markazning yiroqlig‘i xeyli mone bo‘ladir. Masalan: ba’zi bir muhim va shoshilish ishlarni bir yog‘liq qilmoq uchun mutlaq markaz vaqfning uqdirish va yo‘l-yo‘ruq ko‘rsatishiga ehtiyoj bor. Shuning uchun ba’zi bir xil masalalarda Toshkantga chopmoqqa to‘g‘ri keladir. Buning ustiga, Andijon madrasalarining boshqa shaharlardagi vaqflarini bajarmak ishi ham qancha chopish va yugurishni iqtizo qiladir. Boshqa shaharlardagi mulklar. Marg‘ilon uyezidagi va Xo‘qand shaharidagi Andijon vaqf mulklari shu jumladan bo‘lub, bularni joy-joylarig‘a borib yetkazmakka to‘g‘ri keldi. Masalan: Asaka rayo‘nida Andijon vaqf muassasalariga qarashliq birmuncha mulk bor ekankim, ul mulklardan bu yil 756 put g‘alla chiqqan. Shul g‘allani Marg‘ilon vaqf shu’basi o‘zi tasarruf qilib ketkandan keyin Andijon vaqf shu’basining mudiri o‘rtoq Qorizoda Marg‘ilonga borib, u yerning vaqf shu’basi bilan so‘zlashmagan va natijada g‘allani tasarruf qilish ishi hozirg‘a to‘qtalg‘an. Bu masala yaqin orada butkul bir yog‘liq qiling‘usidir. Xo‘qand shaharida ham Xo‘qand vaqf muassasalari o‘rtasida mushtarak bir hammom bor ekan. Shul hammomni tasarruf qilmoq to‘g‘risida biroz anglasmasliq bo‘lg‘andan keyin Andijon vaqf shu’basi mudiri Xo‘qandga borib, shul ishni bitkazib keldi. Ul hammomning tasarrufiga Xo‘qand vaqf shu’basi Andijon tomonidan ham vakil qilindi. Xo‘qand vaqf muassasalarining Andijon uyezidagi mulklarini tasarruf qilish uchun Andijon vaqf shu’basiga vakolat berildi. Bunday bo‘lg‘anda vaqflar bir ne qadar ortiqcha sarflardan qutulg‘an bo‘lurlar. Eski madrasalar. Eski madrasalarning islohi uchun dasturlar oling‘an. Ularning islohi masalasi ham navbatda turadir. Diniy ishlar. Diniy ishlar (masjidlarning idorasi; imom qo‘yush-chiqarish; shularga oid hamma narsalar) butkul mahkamai shar’iya qaramog‘ig‘a o‘tkaziladir. Faqat masjidlarning moliya ishlari vaqf shu’basining diniya shu’basi qo‘lida qolib, mahkamai shar’iya ishchilarining maoshlari ham shul shu’bacha pulidan berilgusidir. Eski maktablarni tuzatish. Vaqf shu’basi tomonidan eski maktablarni tuzatish yo‘lida ham yaqinda jiddiy tashabbus boshlang‘usidir. Bu to‘g‘rida tegishlik dasturlar olinib, rejalar chizilg‘an. Andijonda yangi bonk Andijonda, musulmon qit’asinda, «Devoni Matqobil shirkat bonki», ya’ni «vriminniy kridit» ochmoqg‘a qaror berildi. Hozirgi a’zosi 180 nafar bo‘lub, 130 dan ziyodasi musulmonlardur. Sarmoyasi 28 ming so‘mdur. Mashvarat a’zolari olti nafar bo‘lub, yarmi musulmonlardan: Eshonxon maxzum Odilxo‘ja o‘g‘li, Zunnunboy Qutlug‘boy o‘g‘li, Mirhaydarboy Mirkomil o‘g‘lilaridur. Idora a’zolar 3 nafar rusdur. Azbaski, bizg‘a zamonag‘a taalluqdor, ilmdan xabardor kishi yo‘qdur. Taftish a’zolari uch nafar bo‘lub, biri Sa’dullaxo‘ja Tursunxo‘ja o‘g‘li janoblaridur. Bonka kelar hut oyinda ochilsa kerak. Ushbuni vujudga kelishig‘a mazkur muhtaram musulmonlar va alarni yordamchilari sabab bo‘ldilar. Bonka bo‘lmasun deganlar-da bor ediki, ularni «Oyna» idorasindagi «Mush»g‘a havola qilduk. Andijondan maktub Andijonning mashhur milyunuri Mirkomil afandi haqinda «Vaqt»da bir maqola yozilgan edi. O‘shal maqolani «Vaqt»dan «Tarjimon», «Tarjimon»dan 14-raqamli «Oyna»ga ko‘churuldi. «Oyna» ham o‘z tarafidin «muborak bo‘lsun» dedi. Ushbu bobda biz ham bir nimarsa etmoqchi bo‘lamiz: o‘tkan yoz Mirkomil afandi tabiblar tavsiyasi ilan Veyona, Berlin va Parij va boshqa ba’zi Ovrupo poytaxtlariga bordi, ammo na sababdandurki Istanbulga borgan yo‘q. Endi kelayluk ovrupolilardan ibrat olmoqg‘a, ushbulardan ibrat olub, janob boy o‘zlariga maxsus bir oftomobil olub, minib yurodurlar. Boshqa o‘rnak hozirda yo‘q. Xastaxona, madrasa va jome bo‘la turg‘an bo‘lsa, Andijonda Kultepa degan bir ochiq maydon bor edi. O‘shal Kultepani olgan emishlar degan so‘z bor. Jome solar emishlar deb mish-mish xabarlar bor, ammo ma’lum emas. Ehtimolki, mundin keyin bo‘lsa, yoshrulub qolmasunki, Andijonda bir maktab bino etdurdilar. Muallimlikg‘a katta madrasa mutavallisining muovini tayin etildi. Ul muallim afandi har vaqt Andijonni taraqqiyparvar yoshlarini so‘kub yuraturg‘an bir kishidurlar. O‘qutaturg‘anlari eski usuldir. «Vaqt» va «Tarjimon» va ondin «Oyna»da yozilgan jome, xastaxona va maktabdan alhol asar yo‘qdur. Balki, avvalgi xabar boy afandining ishratlari ila bo‘lgandur. Ul-da ma’lum yo‘q. Xayr biz ham dermizkim: «Muborak bo‘lsun!» Andijondan xat “Mushtum” afti bizning andijonliklardan hafaga o‘xshaydir. Sababini so‘rasam: “mendan qocha boshladilar” deydi. “Mushtum” tog‘aning bizdan o‘pkalashga haqqi yo‘q, albatta. Chunki “Mushtum”dan qochmoq ayb emas, lozim, zarur. Bir marta unga yo‘luqqanlardan butkul ayrilub ketkanlar ham ko‘ruldi, oxir. Qahramonzoda “Mushtum”ning dahshatidan qo‘rqub Qo‘rg‘ontepada zig‘irlar orasida g‘oyib bo‘ldi. “Mushtum” bilan bir qadar oshnachiliq qilib yurgan sobiq “Ko‘mak” raisi indamasdan, bildirmasdan tog‘larg‘a o‘chub ketdi. Ba’zi bir kishilar: “Qimizg‘a ketdi” desalar ham, men ishonmadim. Negakim, qimizg‘a boraturg‘an kishilar odatda birovg‘a zarar-zahmat bermasdan ketadirlar. Lokin, sobiq rais: “Ko‘mak”ning beliga uziqara otdek shattalab tepib, so‘ngragina ketib yo‘qoldi. Hozir, “Ko‘mak” ishsiz qolib, ish birjasida joy oqtarmoqdadir. “Mushtum” tog‘am xafa bo‘lmasun. Andijonlik uning changalidan qutulmoqchi emas, balkim, ko‘brak siqilib kirmakchi, lekin birdan emas, oz-oz, sekin-sekin. Hozirg‘a shu ham bas, deylik! Andog‘ urdilarki (Hangama) Menim xafaligim hammadan ko‘ra e’tiqodi sust, imoni zaif kishilardandir. Masalan: ota-bobolarimizdan qolg‘an shirin-shirin kitoblar, qissa va rivoyatlar bor. 2-3 yuz yildan beri o‘shal kitoblarning barakasida qonimizni sovutmay saqlab keldik. – Pahlavon Ahmad Zamchi… – Bahodir Qashamsham (“Boboi Ravshan”da)… – Sayid Battol Gʻoziy va hokazo… Bularning ruhga bergan yaxshi ta’sirini inkor qilmoq mumkinmi? Ayniqsa, samovarning salqin bir joyig‘a o‘lturub, yog‘lig‘ palovni buyurub qo‘yub, achchig‘ choyni aylantirib qo‘yub o‘lturub o‘qusangizmi… Bosmachilar, ularning qamishzorlarda choqib yurub ko‘rsatkan “bahodirliqlari” butkul esdan chiqib ketadir. Ayniqsa, o‘zingiz baqqol bo‘lsangizu bozor qimmat kasod bo‘lsayu sabzini mayda qilib to‘rg‘ab qo‘yg‘andan keyin og‘zingizg‘a bekarchilikda chibin o‘lturub ketmasligi uchun “Bobo Ravshan”ni ochasiz-da, Qashamshamning juhudni minib ajdarni o‘ldirgani ketkanini o‘quysiz… ana shul vaqtdag‘i kayfni ko‘ring! O‘zingizni xuddi “Qashamsham” deb o‘ylaysizu “Tilsim”ga ko‘milgan ajdarga qarab turub qo‘lingizdagi yelpug‘uchning yo‘g‘on yog‘ochi bilan andog‘ urasizki, do‘koningizdagi lagan-maganlaringiz kul-parcha bo‘lub ketib shu qimmatchilik zamonda qadringiz quruqqa, hayotingiz havoga chiqadir… Mana bu o‘shal jangnomalarning ruhga bo‘lg‘an ma’naviy ta’siri! Jangnomalarga ishonmag‘an sust e’tiqod kishilar chiqqan! Zamonimizda Ahmad Zamchining polvonlig‘ini, Qashamsham boboyning boturlig‘ini, Sayid Battol Gʻoziyning shijoatlarini inkor qilg‘an, tong‘an yoshlar bor! Astag‘firulloh! Holbuki, ilgarigi, burung‘i yaxshi “Musulmonobod” zamonlarda emas, manavi oxirg‘i zamonimizda ham men munday bahodirlar, munday pahlavonlarni ko‘rdim. Ehtimolkim, sizlar ham ishonmayturg‘an bo‘lg‘andirsiz. Bo‘lmasam, men bir mirilik chaqani belingizga tugub bergandek qilib bitta-bitta tushuntub beray: Andijon inqilob-harb qo‘mitasining “Shaharni, xona joylarni, har xil do‘konlarni va ko‘cha-ko‘yni ozoda tutush” to‘g‘risida bir majburiy qarori chiqdi. Albatta, bu qarorning amalga qo‘yulushidan melisa bilan nazofat kamissiyasi juda yaxshi xabardor bo‘lsa kerakkim, shaharimiz “Eram” bog‘idan ham ozoda bo‘lub ketdi… Ko‘chalarda o‘lub qolib, kunlarcha yotqan itlar, sochig‘i bo‘lmag‘an, chibinning uyasi bo‘lg‘an oshxonalar, buzulg‘an, ko‘ngil-aynitar marojnalar, tuprog‘ig‘a odam emas, ot botib ketaturg‘an ko‘chalar… Ayniqsa, anavi katta ko‘chani ayting: bir qur “suv sep-suv sep!” bo‘ldiyu olachipor ilondek yarim-yorti suv sepilib yana O‘shning yo‘lidek bo‘lub qoldi… Gʻaraz, zamonimizning Ahmad Zamchilari shaharning iflos kallasiga nazofat tayog‘ini andog‘ urdilarki, gard-gard bo‘ldi… Yangi chiqqan zamona boylaridan keling! Marhum Mirkomilni maktab solmadi, maorifga qarashmadi deb so‘katurg‘an edik. U bechora ham bir qorixona solib qo‘yg‘an ekankim, Buxoro Amirining… … bardorlaridan bir “zoti bobarakot” yangi maktab shogirdlarni “qori” qilib, “qiroatlari”ni chiqarib turubdur. Zamona Mirkomillarini qarang, andijonliq talabalar Toshkant, Boku kabi yerlarda yerdan cho‘p supurub yeb turg‘an vaqtda “trilionlar”ning ichiga ko‘mulub nima qiladirlar? Nima qilg‘anlari ko‘z oldingizda. To‘ylarda, tamosholarda, bazmlarda “izhori vujud” qilib butilka (aroq shisha) lari bilan jang qiladirlar. Yaqinda bir “Manmanboyev”ni katta bir to‘yda bir “nozanin” bilan birga o‘lturub, zamonaning boshig‘a shishalar bilan andog‘ urdikim, kayflar (nastroyeniye) mayda-mayda bo‘ldi. Endi o‘z dardimizdan ham jindak aytaylik: “Darxon” gazetasining yozg‘uvchilaridan biri shoshilish ish vaqtida beparvo qolib, idora shoʻba kucherining qahrig‘a yo‘luqqan. Kucher “qiyig‘liq”, “kajurlik” qamchilarini rostlab turub andog‘ urg‘ankim, yozg‘uvchimizning miyasi ikki bo‘lak bo‘ldi… Miyadan ajralg‘an yozg‘uvchimiz bilan qolg‘an bechoralarning ko‘nglini ko‘tarmak uchun xlopkom bir foytun bermakka va’da qilg‘an ekan. Va’da shamoli chopqullab kelib, idoramizni o‘ziga andog‘ urdikim, ustol-kursilarimiz pora-pora bo‘ldi… Foytundan darak yo‘q! Mana shuncha narsalarni ko‘rgandan keyin yana jangnomalarga ishonmag‘an Qashamsham azizlarga shak keltirgan kishiga afsus, ming afsus, birodarlar! Asari hamiyyat Peterburg dorulfununida imtihon etguvchi Sobir afandi Tojiyufg‘a yubormoq uchun tegishli joyg‘a andijonli(k) hamiyyatparvarondan 21 so‘m iona yuborgan zotlar ushbu muhtaram kishilardur: 3 so‘mdan beruvchilar: Hakimjon afandi Sarkoruf. 2 so‘mdan beruvchilar: Olimjon Miraliboyuf, Samarqandiy Mullo Obid Ahmaduf, 1 so‘mdan beruvchilar: Mullo Toji Hojiyuf, Mirzo Nuriddin Karimuf, Mirhomid Mahmuduf, Sobir Nosirjonuf, Nosirboy Maqsudboyuf, Ahmadxo‘ja Rustamxo‘jayuf.Ismini bildurmagan bir xotamdan ham 1 so‘m. Mullo Ya’qub Mullo Otabekuf 1 so‘m. 50 tiyindan beruvchilar: Mullo Alijon Yusufboyuf, Mullo Nishon Yusufaliyuf, Yunusali Yusufboyuf. Tatarlardan Ali Mustafo, Ismoil Muhammad Ibrohimuf, Muhammad Orif Yunusuf, Sayyid Valixo‘ja eshon, Mullo Mirhoji Abdulmalikboyuf, Mullo Komiljon Orifjonuf, Mulloqul Orifjonuf, Olimjon Mirzo Yusuf o‘g‘li, Tojixo‘ja Azizxo‘jayuf, Sa’dulloxo‘ja Tursunxo‘jayuf, Muhiddinxo‘ja Sharafiddinxo‘jayuf. Ashulaga ishqiboz Yaqindag‘ina Avstriyadan Galle degan bir yozuvchi xotin kelib, jumhuriyatimizning hol-ahvoli bilan tanishib ketgan edi. O‘zbekiston sovet yozuvchilari soyuzi uning sharafiga kichkina bir majlis qurdi. Chet eldan kelgan ayol mehmonni hurmatlashga, tabiiy, ko‘prak xotin-qizlar kelgan edilar. Shular orasida O‘zbek davlat muzika tiyotrining kollektivi bilan birga u tiyotrning sevimli artistkasi Halima Nosir qizi ham bor edi. Majlis raisi o‘rtoq Javod Obidov boshqa o‘ktabr ayollari qatorida Halimaga ham so‘z berdi. O‘zining sho‘x ashulalari bilan xalq muhabbatini jalb etgan Halima majlisda, izdihom oldida yaxshi gapira olmasa, bunga nima deya olasiz? Hech nima! So‘zlash san’ati boshqa, kuylash san’ati boshqa! Halimaning soddagina qilib so‘zlagan bir necha og‘iz so‘zidan biz shuni angladikki, bizning boshqa hamma san’atkorlarimiz, ayniqsa, ayollardan chiqqan san’atkorlarimiz singari u ham tamoman buyuk o‘ktabrning bergan mevasi. Yana o‘sha qisqa so‘zlardan bilamizki, uning oilasi ham eskidan san’at sevguchi, san’atga oshno bir oila. Onasi yoshligidan cholg‘u chalib, ashula aytishni yaxshi ko‘rgan. Birinchi opasi cholg‘uni biladi. Ikkinchi opasi bir necha yil sahnada xizmat qilg‘an. Faqat, hech shubha yo‘qki, inqilobning fayzli qo‘llari tegmasa, Halima bukun ko‘rib turganimiz talantli, boshqa ko‘p noyob talantlarimiz singari to‘rt devor orasida qolib zabun bo‘lardi. Uning tarbiya yo‘li uncha uzun emas: Toshkentdagi xotinlar namuna maktabining 6-sinfidan chiqib, Bokudagi Ozarbayjon tiyotr texnikumiga kiradi va uch yildan so‘ng uni bitirib chiqadi. Birinchi o‘ynagan ro‘li «Talabalar o‘yini» nomlik komediyada Qamar xonim (bu asar tarjuma asarlardan, inqilobdan burun rus sahnalarida ko‘p o‘ynalardi), so‘nggi ro‘li «Gulsara» tragediyasida Gulsara. Ammo bu «birinchi» bilan «so‘nginchi» orasidagi masofa juda uzun. Bu san’atkorning hayoti qanday alvon va qiziq bo‘lganini ko‘rsatadi. Cholg‘u sahnasiga o‘tkuncha dram sahnasida ellikdan ortiq asarga aralashganini Halima o‘zi gapiradi. Dramda o‘zining eng sevgan ro‘llari ham bor: marhum Ja’far Jabborli (ozarbayjonli)ning to‘ng‘uch asari desa bo‘laturg‘an «Oydin»da Gultakin ro‘li. Bu ro‘lni juda yaxshi ko‘rgan. Dram sahnasida uning bir o‘ziga uch Qumrini o‘ynashga to‘g‘ri kelgan. Halimada san’atni ingichka tushunishlik bor. Uning Gultakin ro‘liga bo‘lgan muhabbatidan o‘sha tushunishning darajasini bilish mumkin, chunki mohir dram yozuvchi bo‘lgan Ja’far Jabborli «Oydin»ni faqat Oydinbek bilan Gultakin xonim uchun yozgan deyish mumkin. Butun voqea bir hovuch qilinib, nihoyat darajada siqib keltirilgan u san’atkorona asarda (Ja’farning so‘nggi asarlariga nisbatan emas, umuman, dram asari bo‘lush jihatidan ancha san’atkorona bo‘lgan «Oydin»da) har qanday talantli artistka uchun o‘z kuchini istaganicha ko‘rsata olish, bundan tashqari, butun qalbini asar qahramonining qalbig‘a quyib yuborib, shu bilan juda samimiy bir qahramon yaratish imkoni bor. Halima buni yaxshi ko‘ra bilgan. Dram tiyotrlarimiz (Akademik dram, Andijon davlat tiyotri)da turli-tuman ro‘llarni o‘ynab o‘zini iqtidorli artistka sifati bilan ko‘rsatgandan keyin Halima butunlay cholg‘u tiyotriga o‘tib ketadi. Ovozi juda baland, o‘zi ashulaga usta bo‘lganidan keyin bu o‘tishdan tabiiyroq nima bor? O‘zi ham: «Ashulani sevishim meni dramdan cholg‘ug‘a olib keldi», – deydi. Dramda o‘ynagan katta-katta ro‘llari bilan («Turondod»da Turondod, «Qarol»da Klariche (Nozlik kelin), «Hujum»da Hujumxon (Tursun O‘roz o‘g‘li), «Ikki kommunist»da Dilbar). Biz unda bir necha yaxshi xislatlarni ko‘ramiz: mimika boyligi, sahnada o‘zini erkin tutushlik, balki bir daraja sho‘xlik, til ravonligi, so‘zlarni to‘g‘ri berish va o‘tkur ovoz vositasi bilan so‘zni tomoshachiga yetkizish. Kamchilik jihatini olganda – ro‘lni chuqur ishlamaslik, jiddiy qahramonlarning yengilligi va sho‘xligi bo‘rtdirilgani holda, ularning og‘ir va fojialik tomonlariga qunt qilmasliq… O‘zi: «Xarakter ro‘llar bilan sevguchi-sevilguchi ro‘llarni yaxshi ko‘raman», – deydi. Tixonovich «Ikki boyg‘a bir qarol»ning komediya ekanini juda yaxshi bilardi; asarning bu jihatini u juda bo‘rtdirib berdi, ozgina bir fojialik va og‘ir joy bo‘lsa (Klariche ro‘lida shunday joylar bor), uni mumkun qadar chetlatishga yoki rangini suyuqlatishg‘a harakat qildi. Agar shunday qilmasa, Halima Klaricheni o‘ynay olmas edi. Hatto «Halima»da ham (ayniqsa, «Gulsara»da!) Halimaning ezilib, xafa bo‘lub fojia o‘ynab yotganini ko‘rsam ko‘pda ishonolmayman. Ammo «Arshin mol olon»da Halima Uzairbek erkasining xuddi o‘zi (yana xafalikka berilmagan joylarda). Halima endi butunlay cholg‘uniki bo‘ldi. Cholg‘u tiyotrida ham «Gulsara» singari jiddiy tragediyalar qo‘yulib turar ekan, bizning boyag‘i fikrlarimiz o‘z kuchini saqlaydi. Cholg‘u tiyotrida, tabiiy, birinchi o‘runni ovoz oladi. Xuddi shu ovoz masalasi bizda yechilmagan bir muammo bo‘lub turadi. Eski ma’nidagi ovoz ustozlari, ovoz texnikasining katta ustalari (To‘ychi aka, Hoji Abdulaziz, Domla Halim va hokazolar) o‘zlarida bo‘lgan butun texnikani bergan vaqtlarida ham bu kunning talabini tugal qondirarmidilar? To‘g‘ridan-to‘g‘ri aytmoq kerakki, yo‘q! Biz bukungina emas, ertani ham o‘ylashga majburmiz. Bizning ulug‘ mamlakatimiz va buyuk xalqimiz ertaga bukundan ham kuchlirak, hakimrak va baxtliroq bo‘ladi, demak, talabi ham shunga ko‘ra oshadi. Biz ovoz muammosini yechmasdan ilojimiz yo‘q. Halima o‘zi ham shuni tushungan. Kuzda Maskovga o‘qug‘ali ketadi. O‘zining bu kungi kuchli ovozining davrimiz talablariga to‘la javob berolmasligiga Halima iqror. Bir qancha G‘arb patefon lappaklarini to‘plab olib, shularni tinglaydi, tinglatadi va shular to‘g‘risida allanimalar demakchi bo‘ladi. Demak, u axtaradi, izlaydi, izlanadi. O‘z ustozlarimizning ovoz texnikasidan ham ko‘z yummasdan G‘arb texnikasini yaxshi o‘zlashtirish, madaniy va ishlangan ovozga ega bo‘lush har bir ovozli yigitimiz va qizimizning vazifasi bo‘lushi kerak. Axloq janjali: Tirnoq orasidan kir izlanmasun Andijon muallimlaridan ikki kishi o‘rtasiga bir yaramas da’vo tushub qoldi. Da’voning matbuot maydoniga tushub ketishga «kurashguvchi» o‘rtoqlarning qizg‘in qonlik yozg‘an maqolachasi sabab bo‘ldi. Bu har holda yaxshi narsa emas. Turkiston muallimlarining boshqa kamchiliklari tog‘larcha bo‘lgani holda, axloq tuzatish degan narsa, matbuot betiga eng faxsh da’volarni ko‘tarib chiqish bilan bo‘lmaydur. Ayb aqtarilsa, izlansa hammamizda ham bor, yo‘q emas. Lekin, ayblarni yuzga aytib, o‘zaro bitmak kerak. Ayniqsa, munday faxsh axloqsizliklar. Tirnoq orasinda kir hamma vaqt bo‘ladur, kavlagan sari chiqaberadur. Lekin odamlarning umri tironoq orasidan kir kavlab o‘tish uchungina tiklanmagan. Ayniqsa, Turkistonning oq qoraning tanumag‘an yerlik xalqiga bir narsa bildiraman degan muallimlar bir birlarining ayblarini izlash bilan o‘tkazalar, bu jinoyat! Birovning axloqsiz deb so‘kmasdan ilgari o‘z vijdonimizga savol berayligkim bizning o‘zimizda axloq bormi? Birovni xunuk demay turub bir marta oynakga qaraylik, ehtimol o‘zimiz undan ham xunukdurmiz! Bas endi, bu faxsh qadam!… Barcha maorif sevguchilarga 7 nchi yanvarda (yakshanba kuni) kunduz soat 3 da qishliq “Turon” binosida “NASHRI MAORIF” uyushmasining birinchi qatla o‘ltirishi bo‘ladir. Ko‘rulaturg‘an mas’alalar: 1) muassislarning doqladi va boshqarma saylash; 2) o‘zbaklar orasida ilmiy tekshirishlar to‘g‘risida ma’ruza (ma’ruzachi Gʻozi Olim); 3) navbatdagi ishlar. Bu o‘ltirishg‘a barcha maorif sevguvchilar, ayniqsa maorif-madaniyya uyushmasi a’zolari, bilim yurtlari, ta’lim-tarbiya texnikumlarining talabalari va turli fakultalarda o‘qug‘uvchi o‘zbak talabalarining oralashishlari so‘ralur. Bayram qutlug‘ bo‘lsin! Bu kun Buxoro xalqi, Buxoro yo‘qsullari qonli taxtu tojlaridan qutulg‘on fahsh va inodchi amirning zulmidan, uning behisob jallodlarining dahshatidan ozod bo‘lg‘onlari holda birinchi Qurbon bayramini o‘tqaralar. Ilgari Qurbon bayramlarida minglarcha so‘yulg‘on qo‘ylar bilan birga necha minglarcha yurt bolalari, ozodlik tarafdorlari so‘yilur edilar. So‘yulg‘on qurbonlik ustida qo‘l ochib fotiha qilg‘on kishilar bilan birga, mamlakatning butun alamzadalari qonli saltanatning fanosini tilab duo qilur edi. Endi ul kunlar tarixning qorong‘i maydonig‘a ko‘mildi. Endi bu kun ozod xalq, ozodliq va birodarliq asosinda yangi turmush qurub yotadur. Yurtning butun yosh kuchlari hukumat va davlat ishiga, xalqning saodat va rohati, ilmu maorif ishlariga kirishib, kunduzni kechaga, kechani kunduzga ulab xizmat qilib yotarlar. Bu bayramni o‘tkazganimizdan keyin inqilobning bir yillik bayrami kelib turadur. Inqilob bayramining tantanalari kunida ikkinchi qurultoy yig‘ilmoqchi bo‘lib turadur. Bularning har biri o‘z boshig‘a ayrim bir bayramdurkim, faqat ozod va obodliq yo‘lida fidokorliq qila bilgan xalqqa xosdir. Asrlardan beri davom etib kelgan “kayfa mo yasho” bir idorani og‘darg‘on va ozodliq, istiqlolg‘a ega bo‘lg‘on xalq o‘shal ozodliq va istiqlolini mundan so‘ng saqlash yo‘lida ham mol va jonini ayamasa kerak. Bayramlarini jallodsiz, saltanatsiz, qarg‘ashsiz o‘tkazish uchun har qancha fidokorliqdan tortinmay turg‘on yo‘qsul elning ozodliq ichida kechirmakda bo‘lg‘on bayrami qutlug‘ bo‘lsun! Bazm-cholg‘i to‘dasi O‘zbekiston maorif kamisarligi tomonidan “Davlat bazm-cholg‘i (konsert) to‘dasi” tashkil qilinmoqchi bo‘lunub bu ishning ashulachimiz Muhitdin Qori Yaqubiyga topshirilg‘anini gazetalarda o‘qub edik. U to‘g‘rida maorif kamisari o‘rtoq Mo‘min Xo‘janing maxsus maqolasini o‘qug‘ach, u ishga mazkur kamisarlik tomonidan qanday jiddiy ahamiyat berilganligini ham o‘rgangan edik. Maorif kamisarligimiz so‘ng vaqtlarda ilm-madaniyat ishlarining boshqa xillari qatorida ingichka san’atlarga ham jiddiy ahamiyat bera boshladikim, buni ko‘rgach sevinmay va uni olqishlamay turolmaymiz. Boshqa sharqli jumhuriyatlar bu yo‘lda, albatta bizdan ko‘prak ishlaylar. Buni ham quyunib, ham sevinib iqror qilishqa to‘g‘ri keladir. Yaqinda Tatariston jumhuriyati o‘z sahnasining 20 yilliq bayramini juda zo‘r tantanalar bilan o‘tkazdi. Bayramdan so‘ng Maskavga borib o‘yin qilg‘an tatar davlat dramasi haddan tashqari katta muvaffaqiyatlar qozondi, Maskavdagi tatarlar va boshqa Sharq xalqlarigina emas, hatto Sharqqa qiziqqan ovro‘polilar ham chinakam ko‘ngil qo‘ydilar. Ozarbayjon jumhuriyati o‘zining teatr bayramini mundan bir-ikki yil burun o‘tkazgan edi. Tunov kungina Ozarbayjon maorif kamisarligi tomonidan davlat opera artisti Bulbul o‘rtoq qo‘l ostida yuborilg‘an 7-8 kishilik shirin bir cholg‘i to‘dasi Maskavning Sharq doiralarini ancha qo‘zg‘olon qilib ketdi. Kechagina yana o‘sha Ozarbayjon maorif kamisarligi tomonidan mashhur xalq hofizi Sarobskiy yo‘ldoshlig‘ida yuborilg‘an 20-30 kishilik muhtasham bir cholg‘i to‘dasi Meyerxo‘ld teatrida Maskavning ovrupoli qismini ham ancha anglantirdi. Uch kunga deb tayinlangan, “bazm-cholg‘i” (konsert)lar yana bir necha “uch kun”larga cho‘zuldi. Bu so‘ngg‘i to‘dada Qofqosiya millatlarining uch katta shoxidan vakillar bor edi: gurji, armani, ozarbayjonlilardan. Cholg‘i to‘dasining chinakam usta ustozi do‘qtur Yivnasioni edi. Maskav gazetalarida “Qofqasiya jaz bandi” deb u to‘g‘rida ko‘pgina narsalar yozdilar. Shunday bo‘lg‘andan keyin maorif kamisarligimizning so‘ngg‘i tashabbusini “hali ertarak” deganlar bo‘lsa, ularga “siz kech qoldingiz!” deyishga hammamizning haqiqimiz bordir, albatta! Mana, qarshingizda mashhur Yusuf qiziq: biri Xudoyorxondan qolg‘an, yana biri ham kecha-ilgari kundan burunroq qoplang‘an ikki katta nog‘orani oldig‘a qo‘yub olibdir-da, bir qo‘lida “tak” cho‘pini urub, yana bir qo‘lida “tum” cho‘pini ko‘tarib turadir… Nog‘oraning bir tomonida – o‘ng tomonda yolg‘iz nayni juda alamli lirik qilib cholg‘uchi Abdulqodir naychi o‘lturadur. Uning pastida jumhuriyatimizning hozirg‘a qadar birgina bo‘lub kelgan hunarmand qo‘shnaychisi o‘lturadur: uning ismini aytib o‘lturush ham lozim emas: “qo‘qonli qo‘shnaychi” desak hamma biladir. So‘ng ularning yon-berlarida To‘qtasin g‘ijjakchi, Usta Olim changchi, Muhitdin Hoji tanburchi, Hayit Oxun tanburchi, Orifjon va Jo‘raxon yallachilar, katta o‘yunchilardan Otaxo‘ja Muhammad Bobo hofiz, uning yo‘ldoshi Xudoyberdi, o‘zbek xotinlaridan Tuhfanisa, Tojinisa, Xonchanisa opalar o‘lturadirlar. Nahoyat o‘ng qo‘l tomondan hammadan chetda o‘zimizning Muhitdin Qori bilan Tamaraxon (Qamara bilan Tamara orasida menimcha farq yo‘q!) o‘lturadirlar. Yaqindag‘ina Muxtoruva xonimning “ashula bazm”larida Toshkentning muhtasham “Kolizey”si 6 martaba to‘lib-toshdi. Yaqinda bizning shu bazm-cholg‘i to‘damiz ham Farg‘anada birinchi bazmini qurg‘an vaqtida ko‘plar xafa bo‘lub, so‘kib chiqib ketdilar. Nimadan xafa bo‘lub, kimni so‘kdilar: joyning torlig‘idan xafa bo‘lub, joyni tor solg‘anlarni so‘kdilar… Kechagina O‘zbekiston markaz ijroqo‘mining Samarqandda bo‘lg‘an to‘rtinchi yalpi majlisida to‘daning birinchi chiqishi bo‘ldi. Jumhuriyatning katta-kichik eranlari hammasi bor edi. Haddan tashqari ko‘b qilinib tuzulgan pro‘g‘ram hech kimni to‘ydirmadi. Hamma barobar, hamma bir tilak bilan olqishladi. Yo‘ldoshboy akam chidamadilar, chiqib so‘zladilar, xursandlik bildirdilar: demak, ko‘plar xursand bo‘lg‘an! Firqa markazqo‘mining mas’ul sarkotibi o‘rtoq Ivano‘f qizib-qizib Yusuf qiziqni chaqirar edi. Yusuf qiziq chiqmadi. Chiqmas emish-da. Chunki bu bizning tariximizning tadqiqig‘a aloqador (etno‘g‘rafi) to‘da emish. Men Yusufjonni, uning o‘tkur hajvli – pochti dohiyona gaplarini juda yaxshi ko‘rsam-da, to‘daning asosiga qarshi bo‘lg‘um kelmaydir. Chinakam, bizning cholg‘imiz yo‘qolib ketishidan saqlanmog‘i lozim, kuylarimiz unutilish va buzulishdan asralmagi darkor. Ko‘pdan beri darkor bo‘lg‘an butun kech bo‘lsa-da tuzulibdir. Yashasun, yashnasun, bizning kutgan tilaklarimizni bersun. Bizning vazifamiz – o‘shalarni tor burchaklardan keng maydonlarga olib chiqish, o‘sdirish, parvarish qilish, tarbiya berishdir. Ijtimoiy hududlar ichida parvarish topaturg‘an bolaning ijtimoiy hodisalarga begona qolishi mumkinmi? Yo‘q! Demak, bu kunning vazifasi o‘sha qari bolani parvarish qilmoq!.. Bir oz tushing edi! «Qizil O‘zbekiston»ning 9 nchi sonidag‘i «Yangi kashf» degan maqoladan xursand bo‘lg‘animni aytib so‘z boshlayman. Shodiqul o‘rtoq kabi sahna do‘stlari va balki mansublarining bu xilda chiqishlari sahnamizning katta hayoti demakdir. Faqat, mening «Zarafshon»dag‘i maqolachamga e’tiroz qilish uchun qo‘lig‘a qalam olg‘anda o‘rtoq Shodiqulning hovuri osmonda bo‘lg‘anmi- bilmadim, achchig‘lanib «musht» do‘layib «majag‘lab yuboraman!» deb turub sarlavha qo‘yibdir. Sarlavhada shunday qattig‘ bir po‘pusa yumshog‘roq qilib aytgangizda o‘tkur bir ermak (ironiya) bor. Maqolaning ichida esa sezilarlik g‘azab yo‘q. Shu uchun sarlavhaning bir oz qaltisroq ketganini aytib o‘tmak bilangina kifoyalanaylik. Endi tub masalaga e’tirozg‘a kelaylik. E’tirozning tub tilagi har bir teatru sevguchini munaqqid (tanqidchi) deb qabul etdirmakdir. Mana bu yanglish fikr. Ingichka san’atlarning tanqidida ham umuman adabiyotdagi tanqid usuli qo‘llaniladur. Shu uchun qaytarib aytaman tanqidchilik-yozg‘uchiliq va o‘ynag‘uchiliqdan qiyindir. Shu uchun chin tanqidchilar ham chin yozg‘uchi va chin o‘ynag‘uchilar kabi juda qiyinliq bilan yetishadirlar. Shu uchun rus adabiyoti o‘zining butun umrida Belinskiy kabi chinakam tanqidchiliklardan bir necha kishinigina yetishdira olibdir. Rus adabiyotini sevgan va uni sevub o‘qug‘an har bir kishi naqadar xolis bo‘lsa bo‘lsun ommacha tanlagan bir munaqqid bo‘la olmaydir. Teatru umuman ingichka san’atlarning tanqidi ham shundaydir. Bu kun teatruning butun dunyodag‘i eng sog‘lom markazi deb tanilgan Maskavda birgina teatru majmuasi chiqadir va unda bir nechtagina tanilgan kishilar teatru tanqidlari yozalar. Butun ittifoqning markaz gazetalarida ham teatru tanqidlari bilingan va tanilgan bir necha kishi tomonidan yoziladir va juda ehtiyot bilan yoziladir. Siz bu o‘rtog‘ingiz bilan birga «Layli Majnun»ga boribsiz. Abror bilan Ma’suma xonimning kelishmagan harakatlarini daftarchangizga yozib olibsiz. So‘ngra «xolisona» bir narsa debsiz. U – jiddiy tanqid chin ma’nosi bilan tanqid emasdir. Men aytamaymankim, sahna muhiblari va umuman tomoshachilarning tilaklari e’tiborsiz qoldirilsin deb. Yo‘q tomoshachining ruhini o‘rganish va tilagini bilish juda kerak. Bizdan oldinda bo‘lg‘anlarning teatrularida shu maqsadda ishlangizchi maxsus tevaraklar, uyushmalar bor. Bu yo‘lda alohida qoidalar, usullar ishlangan. Bizda ham asta-sekin shunday narsalar boshlanishi kerak. Bizning tilagimiz ham shu. Shu yo‘lda ishlamakchimiz ham. Men u maqolachamni chin tanqidchiliq kerakligini aytdim. Sizning kabi sahna ahillaridan albatta o‘shanday chin tanqidchilar yetishadi. Lekin bu uchun sahnaning nazariyoti bilan amaliyotig‘a oshino bo‘lmoq kerak. Muni endi ko‘plar tushungan bo‘lsa kerak. O‘zbekiston hukumati bilimli akto‘rlar yetishtirish uchun Maskavga alohida maktab ochdi. Bakuga talabalar yubordi. U bilimli akto‘rlarimizni tanqid qilaturg‘an tanqidchilar ham sahna ilmida o‘shalardan ko‘brak bilimli bo‘lsun deymiz. «Zarafshon»da «Surgan»ni tanqid qilg‘an o‘rtog‘imiz kabi xom xatolar maydonga chiqmasin deysiz. U xil «tanqidlar» albatta yaqin kelgusidagi va hatto bugungi sahnamizga ham tenglasha olmaydir. Buni e’tirozingizning boshida o‘zingiz ham e’tirof qilibsiz. Siz «Zarafshon»da bosilg‘an «tanqid»ni yana bir o‘qub chiqing. Undan keyin mening o‘sha maqolachamni yana bir marta yaxshilab o‘qing. U vaqtda balki «muhrli» harakat to‘g‘risidag‘i da’voimga tushunar va qanoat hosil qilarsiz. Unda «falsafa sotish» degan so‘zingizning bir oz jahlingiz (achchig‘ingiz!) chiqqan onda yozilib qolg‘anig‘a o‘zingiz ham balki unarsiz. Mening ko‘nglim qolmaydi. Mundayin munozaralardan myen xursand bo‘laman. Faqat, sarlavha qo‘yishda Omeriqo e’lonchilari yo‘lini tutib «zig‘rni tuya qilish»kabi sisasiyalardan ehtiyot bo‘lishingizni tilab qolaman. Boshqarmaga xat «Qizil O‘zbekiston» ning shu yil 27 iyul sonida o‘rtoq Nazir To‘raqulovning «Hamlet» tarjimasi to‘g‘risida bir maqolasi bosilib chiqdi. Mazkur maqola munosabati bilan quyidag‘i uch narsani ko‘pchilikka bildirishga shoshilaman. 1. Nazir aka «Hamlet» tarjimasini keltirgan misollariga qarag‘anda ruscha tarjimalarining tizilmalisi (nazmlisi) bilan solishtirgan. Holbuki men tarjima qilg‘an nusxa sochmali (nasrli) bo‘lib inqilobdan burun bosilgan. Men tarjimaga kirishganimdan burun u nusxani ingliz adabiyoti bilgichlaridan o‘rtoq Lan inglizchasi bilan solishtirib chiqib, ko‘p joylarini mumkin qadar asliga yaqinlashtirib bergan. Mazkur nusxa hali ham o‘rtoq Lanning kutubxonasida saqlanadi. Men, ana o‘sha nusxadan bo‘lgan tarjima uchungina javobgarman. Tarjima bilan tarjima orasida, ayniqsa tizmali bilan sochmali orasida katta farq bo‘ladi. 2. «Hamlet»day bir asarning tarjimasida bir necha xato ketmasdan iloji yo‘q. O‘sha xatolarni xayrixohlik asosida ko‘rsatuvchilarga tashakkurimni bildirib, kelajakda tuzatishga va’da beraman. Bir nechta to‘g‘ri ko‘rsatilgan tarjima xatolari Nazir aka maqolasida ham bor; buning uchun u kishiga ham tashakkur. 3. O‘rtoq Lan qo‘lidag‘i nusxani oldirib men qilg‘on tarjimaning originaliga solishdirib chiqib, natijasini matbuotda z’lon qilish kerak. Buning uchun yaxshi-yaxshi tarjimonlardan iborat bir ko‘misiya tuzilsa yaxshi bo‘lardi. Ko‘misiya tuzish vazifasini men O‘zbekiston Yozuvchilari soyuzining respublika qo‘mitasidan so‘rar edim. Boshqarmag‘a xat Andijon tinchsiz vaqtlarda yo‘q qilinish darajasiga kelgan Eski shahar muoyanaxonalari (Ombulaturiya), tinchliq bo‘lg‘andan so‘ng ham yaxshi yo‘lga qo‘yulmaydir. Eski shahar aholisi uchun yiroq bo‘lg‘an katta ko‘chadagi muoyanaxona ham, yaxshi do‘qturlarga molik emasdir. Eski shaharning o‘rta bir yeriga muoyanaxona ochmoq va yaxshi do‘qturlar bilan ta’min etmak harakati ko‘rulsaydi. Bosmachilarg‘a hukm Turkfront inqilob mahkamasining maxsus kamisiyasi Yangi Marg‘ilonda Ergash Mirkalonif va Yong‘or Rahmonif qo‘rboshilarning ishlarini qarab, o‘lim jazosiga hukm qildi. Mazkur qo‘rboshilar 21 nchi yilning keyinida sho‘rolar hukumatiga qo‘shulub, xizmatga olinganlar. O‘zlarining xizmatda bo‘lishlaridan foydalanib mazkur qo‘rboshilar Chimyon tomonida yana mustaqil harakat qilib xalqni talay boshlag‘anlar. O‘z ixtiyorlari bilan 22 nchi yil noyabrda xalq ustiga soliq solg‘anlar, zo‘rliq bilan mol-mulk va yerlarini olg‘anlar, bir necha kishi o‘ldirganlar. Ushbu qo‘rboshilarning 3 ta yo‘ldoshi ham o‘lim jazosiga hukm qilindi. Bu kunda Farg‘ona Bu kunda Farg‘onamiz shunday bir to‘palang ichida qolg‘anki, hech bir suratga kelturub yozub-da, so‘zlab-da bo‘lmaydi. Qo‘lg‘a qog‘oz-qalam olub, ustol yonig‘a kelub o‘lturub, Farg‘onaning bir boshidan ikkinchi boshig‘acha bo‘lmoqdag‘i voqealarni yozmoqchi bo‘lasan, lekin ba’zi bir mone’lar ko‘z oldig‘a chiqara tura, shundan ixtiyorsiz qalamning ustol ustiga otub, ustol yonidan turub-da ketganingni o‘zing-da sezmay qolasan. Mana, ko‘rursiz, jumladan, biri: o‘z ichimizdag‘i cheksiz-tubsiz bo‘lg‘an kamchiliklarimiz: ish boshida o‘lturuvchi o‘rtoqlarni layoqatsizligi; ish boshiga o‘lturarlik odamlarimizni kamligi, rostini aytganda, yo‘qlig‘i; ish boshida o‘lturuvchi o‘rtoqlari ko‘broqi yovrupolik bo‘lg‘ani uchun turkcha so‘zni bilmasliklari, onglamasliqlari; buning orqasinda turkcha so‘z hukumat tili bo‘lmay, chetda qoluvchi; ko‘b yig‘inlarda so‘zlar Yovrupo tillarinda yurituvlari, buni oxirida musulmonlarning partiya va jamiyatlardan uzoqlashmoqi; buning ustig‘a Farg‘onamizda shul choqg‘acha o‘g‘rilarni davomi, bularning yo‘qotuv chorasiga hukumat tarafindan ikki yildan beri tadbirlar qilinsa-da, ko‘bda foyda chiqmag‘anlig‘i. Bunday ishlarni mayda-chuyda qilib o‘ylag‘an odam, bir minut bo‘lsun Farg‘onada turmoqg‘a toqati (qolmay), butun Farg‘onadan chiqub ketmakligini ixtiyor qilur. Chiqub ketolmas ekan, butun ishlardan o‘zini tortib, bir chekkaga chiqub, tek yotmoqg‘a majbur bo‘lur. Chunonchi, qanday bir to‘g‘rida g‘azetada to‘g‘ri bir so‘zni yozsang, darrov dudoqlarini osilturg‘an va orqandan so‘kkan; o‘zingni uchratgach, yig‘lab o‘pka qiluvchilar bo‘lub qoladur. Va ba’zi ishlikroqi bo‘lsa, tiribunalg‘a berub, qamatib ham qo‘yadur. O‘g‘rilardan bir oz yozmoqchi bo‘lsang, butun shaharlar to‘la o‘g‘rilar xabarchilari yurar, bu xabar shundoq Muhammad Aminbekka yetadur. “Bor, olub kel!” – desa, shul kun kech o‘zing-da yo‘q, ruhing-da yo‘q, u dunyo muxbirlarindan bo‘lursan-da ketarsan. Farg‘onamizning doxiliy ahvolidan xabari bo‘lmag‘anlar bunday ishlardan xabari yo‘q, o‘pka qiladurlarki, ne uchun Farg‘ona to‘g‘risida ochiq bir ma’lumot yozilmas, deb. O‘rtoqlar, Farg‘onada ish ko‘b, ishlovchi-da ko‘b, lekin hammasi pusub yotadir. Bu qaror juda joyida Ijroqo‘mning bu qarori bu safargi qaror emas. Bundan burun ham shu qarorni chiqarg‘an va sog‘liqni saqlash shoʻbasiga buyurg‘an. Lekin, shoʻba munga qarshi o‘z fikrini bildirib, shu ishni nimagadur qilg‘isi kelmagan. Haligi ikki rayonga yangidan muolajaxona ochilsa yaxshi bo‘lur edi, degan. Holbuki, munga na davlat va na mahalla xaltasida ta’inlik pul yo‘q. Agar bu to‘g‘rida keraklik joyg‘a murojaat qilinaturg‘an bo‘lsa, javob kelib ish “ko‘ngil xohlag‘an” yo‘lga kirgunda uvvv… bir necha qovun pishig‘i o‘tub ketar. Holbukim, Jalolobod rayonida muhojirlar bor. Shularning “sharofati” bilan podshohlar vaqtida birdan 3 shifoxona paydo bo‘lub qolg‘an. Bir rayondagi ortiqcha narsani yana bir yo‘q rayonga ko‘churush juda tabiiy va lozim narsa bo‘lsa kerak edi. Bilmadik, sog‘liqni saqlash shoʻbasi nima uchun boshqa choralarni qidirib ovora bo‘ldi ekan? Ijroqo‘mning mazkur majlisida Eski shahar kasalxonasidan musulmon xotin-qizlarining foidalanishlari mas’alasi qaralib, bu to‘g‘rida sog‘liqni saqlash shoʻbasiga taklif qilindikim, haftada 3 kun musulmon xotunlarini ko‘rish uchun Eski shahar muolajaxonasiga bir xotun do‘qtur ta’in qilinsun. Qo‘rg‘ontepa rayon ijroqo‘mining ul joyda bir kasalxona va bir pochtaxona binosi solmoq kerakligi to‘g‘risida qilg‘an murojaati mahalliy mablag‘ yetishmagani uchun ijroqo‘m tomonidan rad qilindi. Qo‘rg‘ontepa Jalolobod temiryo‘li ustida istansalik va obod bir rayon bo‘lub, pochtaxona va kasalxona ehtiyoji tabiiy ravishda chiqqan bo‘lsa kerak. Ijroqo‘m mahalliy mablag‘ yetmaydur, deb bino solishqa unamag‘an. Lekin, birarta hozir binoni eplab shu ikki muassasani ochdirish uchun harakat qilinsa yaxshi bo‘lur edi. Har holda bo‘lmag‘andan ko‘ra, yomonroq va nari-beriroq bo‘lsa ham bo‘lub turg‘ani yaxshi. Qishloqning o‘zidan chiqqan bu tashabbus har nima bo‘lg‘anda ham, xayrlik foldur. Buloqboshi bo‘lusida (O‘sh uyazida) Buloqboshi yoshlaridan o‘rtoq Hasan Alixon o‘g‘li, Farg‘ona muzofot firqa maktabini tugatib kelgandan keyin bo‘lus “Qo‘shchi” qo‘mitasiga mas’ul sarkotiblikka saylang‘an edi. Mazkur o‘rtog‘imiz ishga kirishgandan beri bo‘lus “Qo‘shchi” qo‘mitasining ishlari tuzalib, olding‘a bosib boradur. Hozir “Qo‘shchi” a’zolari 1000 dan oshqan, batraklar 600 ga yetgan. Lenin terimi chog‘ida mazkur batraklardan 30 kishi firqa qatorig‘a o‘tkan. Batraklar seksiyasi tashkil qilinib, jiddiyat bilan ishga kirishdi. Buyuk ziyofat (Felyeton) 8-iyulda Rusiya Sho‘rolar Jumhuriyatining Buxoro Jumhuriyatiga tayinlangan yangi saforat hay’ati tarafidan ozod va mustaqil Buxoro Jumhuriyati sharafiga katta bir ziyofat berildi. Kech soat 9 da saforatxona qoshidag‘i aqchada maxsus hozirlang‘an joyg‘a Buxoro Jumhuriyat hukumatining butun hukumat va markaziy firqa a’zolari, ham nozirlari hozir bo‘lg‘on edilar. Yuqori hukumat boshliqlari bilan saforat hay’ati a’zolari va boshqa mehmonlar yeb, o‘zaro xususiy musohaba qilib o‘turdilar. Soat 10 da gilamlardan yasalg‘on sahnada ruschaga nasirat – tamosho boshlandi. Nasiratning birinchi qismi tubandagi prug‘ram bilan o‘tdi: “Nikoh ohangi”(“Verdi” operasidan 1-qit’a). Qizil qo‘shunning safar ashulasi. “Mazurka”(cholg‘u). “Qayg‘u”operasidan 1- qita. Bolalar ashulasi. Ey, mening do‘stim (jo‘r). Og‘rig‘an tovuq hikoyasi. Chaqmoq (musiqa va ashula). So‘ngra favqulodda safirning noibi o‘rtoq Bodrov ushbu so‘zlar bilan majlisni ochdi. O‘rtoq Bodrov: – Birodarlar! Bu choqg‘acha xususiy musohaba ravishda davom etib kelgan majlisimizni umumiy musohabaga aylantirishga ruxsat etamiz! Bu yerga kelgan aziz va muhtaram mehmonlar ichida buyuk Afg‘onistonning vakili ham bordir. Bizlar hozir, eski va ko‘chalash asosig‘a qurulg‘on turmush og‘darilib, yangi ozod bir turmushning asosi qurulub yotg‘on bir davrda turamiz. Bu ishda, bu yangi asosni qurush ishida Rusiya Sho‘rolar hukumati rahbarlik qilish sharafiga noil bo‘ldi. Buxoro Xalq Sho‘rolar Jumhuriyati ham o‘z ishini xalqchillik asosida tuzub yotadir. Bu kungi yig‘in shu ikki hukumatning orasidag‘i do‘stliq ipini mahkamlasa kerakdir. Bu to‘planish, bizning buyuk a’molimiz tarafig‘a qaratib qo‘yg‘on katta bir qadamimizdir. Shundog‘ zo‘r bir to‘planishda hozir bo‘lg‘on sizni ulug‘lab, so‘z navbatini Buxoro ishtirokiyun firqasi markaz qo‘mitasining mas’ul sarkotibi o‘rtoq Tursunxo‘jayevga beraman. Tursunxo‘jayev: – Buyuk mehnatkashlar Rusiyasining Buxorodag‘i yangi elchisini Buxoro mehnatkashlari otidan salomlayman. Buxoro Xalq Sho‘rolar Jumhuriyati bilan Rusiya Sho‘rolar Jumhuriyatida yashag‘uchi mehnatkashlarning o‘zaro bo‘lg‘on munosabatlari fikr va idrok asosig‘a qurulg‘ondir. Buxoro ishtirokiyun firqasi o‘zining yo‘lida tushungan va anglag‘on holda harakat etmaqdadir. Yosh Buxoro Sho‘rolar Jumhuriyatining firqa va sho‘ro ishlarida bir muncha kamchiliklar ham bordurkim, ularni to‘ldirishliqda, tuzatishlikda Rusiya Sho‘rolar Jumhuriyatining va 3-baynalmilalning ko‘magida bo‘linishi onqadar. Buxoro ishtirokiyun firqasi yaxshi biladurkim, Buxoro Xalq Sho‘rolar Jumhuriyati Sharq mehnatkashlarining yo‘l boshlag‘uvchisidir. Bu jumhuriyat qo‘shini Rusiya Sho‘rolar jumhuriyatining ko‘magi bilan amir va mullolar saltanatini abadiy ravishda yo‘q qildi. Ish muning bilan bitdi, deb aytmaymiz, ishning qiyini va og‘iri dog‘i oldimizdadir. Oldimizda turli mone’ va sadlar va xoinona chiqishlar yo‘q emasdir. Biz har turli xoinona chiqishlarg‘a qarshi hozir turamiz va dog‘i butun qiyinliq va zo‘rlig‘i bilan sharq masalasi ham oldimizda turadir. Sharqda yashag‘uchi milyonlarcha xalqlar ajnabiy sarmoyasi qo‘l ostida ezilar. Ayniqsa, ulug‘ Hindiston o‘lkasi 300 million xalqi bilan bir to‘b ingliz mustamlakachilari qo‘lida ezilib turadir. Bu ezilganlarni qutqarmoq g‘arb mehnatkashlarining zo‘r vazifalari bo‘lg‘onidek, Sharq inqilobchilarining, ayniqsa, Buxoro ishtirokiyun firqasining ham katta vazifasidir. Biz o‘zginamizda 3-baynalmilal bilan Rusiya ishtirokiyun firqasining rahbarligiga ishonamiz. To‘g‘ri va haqiqatni ko‘rsattuvchi shiorlarni tutub boraturg‘on elchilik hay’ati bilan yosh jumhuriyatimiz ham o‘z maqsadig‘a yetar. Yashasin ishtirokiyun firqasi! Yashasin Rusiya Sho‘rolar Jumhuriyati! Markaziy inqilob qo‘mitasi raisi o‘rtoq Muhiddinov: – Rusiya Sho‘rolar Jumhuriyati vakilining bizning Buxoro Sho‘rolar Jumhuriyatiga do‘stlik bildirish uchun qilg‘on tashrifiga tashakkur aytamiz. Rusiya Sho‘rolar Jumhuriyatining bizning yosh jumhuriyatimizga ko‘rsatgan ko‘maklari uchun tashakkur bildiramiz. Kichkinagina Buxoro jumhuriyatinda eng zo‘r bir kurashning tajribasi yurgiziladurkim, unda ijtimoiy asoslar uchun bo‘lg‘on kurashdir. Rusiya Sho‘rolar Jumhuriyati inqilob yoshidan beri mazlum millatlarga muayyan bir himoya siyosati ila qarab, shul siyosatni tutub keladir. Bu siyosat yo‘lida ikki taraf – sarvat ahli va mehnat ahli kurashib yotadir. Bu kurashda kichkinagina Buxoroning katta bir vazifasi, buyuk bir siyosat bordir. Ya’ni, Buxoroda Sharqni ezguchi hokimlarga qarshi katta kurash davom ettiriladir. Rusiyaning inqilobi munosabati eng ochiq in’ikos etgan bir kichgina Buxorodir. Eron va Hindiston, Sharqning buyuk qit’alari bilan Rusiya Sho‘rolar Jumhuriyatining aloqasi yo‘q kabidir. Bundog‘ buyuk siyosat, yolg‘iz, kichkina Buxoroda yurgizilmakdadir. Buxoro ilgari ham mustaqil edi. Lokin uning xorijiy siyosatida Rusiya intrigasi (dosyesi) ish ko‘rar, Buxoro Rusiya safirining rizolig‘idan boshqa hech bir davlat bilan so‘ylasha olmas edi. Iqtisodiy jihatdan bo‘lsa Buxoroning hamma boyliti Rusiya fabrikalarig‘a ketar edi. Bu millat, bu Buxoro hukumati, ilgari bosh-oyog‘i bilan Rusiyaga bog‘liq edi. Buxoroni qul qilishliq siyosati urush yo‘li bilan olib borilmadi, urush muvaqqatiy bir hol edi. Qulliq siyosiy urush yo‘li bilan davom ettiradi. Rusiya hukumati Buxoro hukumatining boshig‘a eng yomon, insofsiz, sotilg‘uvchi kishilarni qo‘ydi va shular orqali turli ixtiloflar chiqartirib, mamlakatni o‘z bilganicha boshqarib keldi. Endi biz Rusiyadan boshqa bir siyosat ko‘rub turamiz va kutamiz. Bir siyosat bo‘yincha kuchlik va zaif degan ikki narsa bo‘lmasg‘a kerakdir. Munda kuchlik kuchsizni ezmasligi kerakdir. Munda kuchsiz Buxoro ezilmasligi keraqdir. Chunki Sho‘rolar Rusiyasi kuchsizlarni himoya qilishni va’da qildi va shul siyosatni tutmoq istaydir. Ijtimoiy inqilobning natijasi ham shundadir. Sharkda istibdod ostida yashag‘uchi hukumatlar Rusiyaning haqshinosona siyosatini ko‘rub anglasalar kerakdir. Buxoro kichiqdir. Lokin Rusiya to‘g‘ri, haq siyosat tutsa, uning ahamiyati zo‘r bo‘lur, ya’ni Sharqda inqilob tug‘ar, ya’ni Sharq o‘zining haq mashrug‘i bo‘lg‘on ozodlig‘ig‘a yetishar. Yashasin haq mashru’ siyosatini yurutgan va unga yetisha olg‘on hukumat va millatlar! Yashasin u asosdag‘i Rusiya va Buxoro hukumatlari! Umid qilamankim, Afg‘oniston bilan Rusiya Sho‘rolar Jumhuriyati orasidag‘i muohada ham puxtalanur. Afg‘oniston elchisining noibi Abdurasulxon: Taassuf qilamanki, ruscha va turkcha bilmayman. Shuning uchun o‘zimdan ilgari so‘zlaganlarning so‘zlarini onglay olmadim. Birodar Muhiddinov Afg‘oniston, Buxoro va Rusiya ittifoqidan gapirdi. Haqiqatan Afg‘onistonning bu jihatdan ahamiyati buyukdir. Jug‘rofiy jihatini qaraylik: bir tarafi – Hindiston, ikkinchi tarafi – Xitoy, uchinchi tarafi – Balujiston orqali Arabiston, bir tarafi – Eron va bir tarafi – Buxoro – Turkiston. Afg‘oniston mana shularning o‘rtasidadir. Endi Afg‘onistoniing shul mamlakatlar bilan bo‘lg‘on aloqasig‘a kelsak. Hindistonda Afg‘onistonning ta’siri ko‘b kattadir. Hindistonda 12 qadar afg‘on qabilalari bordir. Bunlar qaryalar va kichik-kichik bekliklar tashkil etmaqdadir. Eronga kelsak, bu ikki mamlakat va xalk orasida ayirma yo‘qdir, bir eronli afg‘onistong‘a kelsa “yot yerga keldim” demas. Bir afg‘onli Eronga borsa ham shundog‘dir. Xitoy ham Sharq mamlakatlarining yeri bo‘lg‘oni uchun sharqli Afg‘onistong‘a yaxshi qarar. Turkiston bilan Afg‘oniston ham yaxshidurlar. Afg‘on xalqi bilan Turkiston xalqi zabon, madaniyat va din jihatlaridan birdirlar. Ham shul jihati-da bordirkim, Turkiston xalqi umumturklarning bir qismidir. Turklar esa yillardan beri sharqchiliqning umumiy asoslari, umumiy maqsadlari yo‘lida kurashib kelar. Xulosa, Afg‘onistonning atrof, yon-verisi bilan aloqasi ko‘b yaxshidir. Endi biz Buxoro bilan bo‘lg‘on aloqag‘a kelsak, Buxoro bilan Afg‘onistonning aloqasi dilu dimog‘ aloqasidir. Bundog‘ bo‘lg‘ach, ikki mamlakatning orasi ko‘b yaqindir. Tabiiydirkim, dilu dimog‘ning qabul etgan narsalarini butun a’zo qabul etar. Shuning uchun Buxoro va Afg‘oniston bilan Rusiyaning ittifoqi jahon ittifoqi kabi buyuk bir bog‘lanish sanalsa mumkindir. Yashasun Rusiya Sho‘rolar Jumhuriyati! Yashasun ozod va mustaqil Buxoro jumhuriyati! Yashasun butun hurriyatlar! Nozirlar sho‘rosi raisi Fayzullaxo‘ja: – Yosh Buxoro Sho‘rolar Jumhuriyatiga ko‘rsattan ixloslari uchun Rusiya mehnatkashlariga va Rusiyaning jumhuriyatimizdagi yangi elchisiga qulluq qilaman. Rusiya Sho‘rolar Jumhuriyati Buxoro xalqini amirlarning asrlik saltanatidan qutulishig‘a yordam qildi va endi mamlakatning ta’mirot, iqtisodiy taraqqiy etishlariga yordam qilib turadir. Buning uchun Rusiya Sho‘rolar Jumhuriyatining haqiqiy egasi mehnatkashlariga qulluq qilaman. Buxoro xalqi o‘zining ishtirokiyun firqasi va inqilobiy vakillari orqaliq feodal (darabchilik) davridan ijtimoiy davrga ko‘chmakdadir. O‘zini g‘arbni ezgan zo‘r bonqalar tasallutiga yo‘latmasga tirishadir. Shul ulug‘ ishlarni vazifa qilib bo‘yniga olg‘on Buxoroning inqilobiy hukumati o‘z xalqining va Rusiya Sho‘rolar Jumhuriyatining ko‘magi bilan ul og‘ir vazifalarning uhdasidan chiqar. Rusiya Sho‘rolar Jumhuriyati bilan Buxoro Sho‘rolar Jumhuriyatining orasida yangi aloqa va munosabat boshlanmoqdadir. Yangi saforat bilan ham, boshqalari kabi birga va barobar ishlarmiz deb, umid qilamiz. Mundan so‘ng oradag‘i ba’zi bir onglashilmovchiliklar bo‘lmas. Har ikki taraf birodarliq va birlik asosida ishlarlar. Yashasun birodarliq va u asosga qurulg‘on Rusiya sho‘rolari bilan Buxoro Sho‘rolarining ittifoqi! Yashasun inqilob ishidagi samaralik xizmat! Rusiya Sho‘rolar Jumhuriyatining favqulodda safiri o‘rtoq Yurenev: – Biz Sharqdag‘i rahbarimiz bo‘lg‘on Buxoro Sho‘rolar Jumhuriyati orqali butun Sharq bilan aloqa bog‘larmiz. Biz Sharq xalqi bilan qancha yaqinlashsak, Rusiya Sho‘rolar Jumhuriyatining shaybasini shuncha mahkamlagan bo‘lurmiz va shuncha tezlik bilan dunyoga namunasini yuzaga chiqara olurmiz. Biz Buxoro Jumhuriyatiga yordam qilmoq bilangina kifoyalanmasdan, ikki oradag‘i muohadani yuzaga chiqarish, tajriba yo‘li bilan uni hayotta tatbiq qilinmag‘on. Munda ikki taraf ham aybdor emas, aybdor – ahvolning og‘irligidir. Bu yerda ulug‘ Afg‘onistonning vakili bor. Uning Afg‘oniston bilan Hindistonning munosabati to‘g‘risidag‘i so‘zlari to‘g‘ri. Lokin Rusiyaning Afg‘oniston to‘g‘risidag‘i siyosati, uningsiz ham do‘stona va yaqin edi. Biz, ya’ni Rusiya Sho‘rolar Jumhuriyati Afg‘oniston bilan bu yerda, to‘g‘ri, birlashmadik. Biz Afg‘oniston bilan ma’lum muohada noma bo‘yincha birlashdik. Afg‘oniston, Buxoro va Rusiya hukumatlari orasidag‘i munosabat yaqin orada dog‘i rasmiylashur, Buxoro bilan Afg‘oniston munosabatining yaxshilanishig‘a biz ko‘mak etarmiz. Men, Buxoro jumhuriyati tarafidan berilgan bu ziyofatda bo‘lub ko‘rdimki, Buxoro Sho‘rolar Jumhuriyati bilan Rusiya Sho‘rolar Jumhuriyati orasida iqtisodiy munosabat ko‘b yaqin bo‘lishi kerak ekan. Bizning Rusiyada yurgan ko‘b asoslar bu yerda yurmaylar. Yursalar-da, butkul emas. Shuning uchun bizni munda “egalik etadur” deganlar to‘g‘ri aytmaslar. Siyosiy ahvolning ketishiga qarab yuramiz. Fayzullaxo‘ja o‘rtog‘imiz aytganday, endi mundan so‘ng anglashilmovchiliklar bo‘lmas. Orada faqat bir-biriga yordamgina bo‘lishi mumkindir. Biz rasmiyatta qattig‘ yopishamiz. Bir-birgina narsani aytamizki, qaysi taraf ko‘prak yordam eta olsa, rasmiyatga qaramay, tezrak ishda va amalda ko‘rsatsun. Bizning oramizda Xiva jumhuriyatining vakillari yo‘q. Lokin tez zamonda bo‘lishi aniqdir. Eron va Anqara inqilobchi hukumatlarining vakillari ham yaqin zamon ichida bizning oramizda bo‘lsalar kerak. Ajnabiy matbuotning so‘zlari tamoman yolg‘ondir, “Buxoro Rusiyaning olami”, derlar va bu ochiq yolg‘ondir. Men Buxoro ishtirokiyun firqasining boshlig‘ig‘a tashakkur aytamanki, ul bizning asoslarimizning bir ekanligini aytdi. Ham haqiqatda shundog‘dir va bir ikki hukumatning ishlari ko‘b xalqlarning hayoti bilan aloqadordir. Men ziyofatga kelg‘an butun qo‘noqlarg‘a qaytadan tashakkur etaman. So‘ngra bir pardalik “Boboylar” ismli ruscha kulgi pyesa o‘ynalib, kechasi soat 2 larda ziyofat tamom bo‘ldi. Chaqimchilar haqinda Isqoblifda chiqadurgan “Xalq qalqoni” nomlik rus g‘azetasinda “Musulmonlarning taraqqiyparvarlar firqasi ham buzuqlar” sarlavhasi ila ushbu yo‘llarni o‘qidim: “Turkiston chaqimchilar mahkamasining tekshiruv komissiyasidan: Usmonli turklarning “Ittihod va taraqqiy” firqasiga o‘xshab Turkiston musulmonlari ichinda ham “Tarakqiyparvar firqasi” isminda bir firqa maydonga chiqqan edi; ammo unga har tarafdan dushmanlar ko‘paydi. Xususan, eski boylar bor kuchlari ila qarshi turub, uning nufuzini bitirishga tirishdilar. Hatto Andijon qorilari “Taraqqiyparvar” degan nomni “Padarkush” (ya’ni otasini o‘ldirganlar) degan nomga aylantirdilar… Shul qadar mone’larga qaramasdan firqa o‘zbek-turk yoshlari ichinda o‘zining fikrlarini taratmoqqa davom etdi. Mazkur firqa 1915 va 16 yillarda yerlik hukumat ma’murlari ila kurashganda o‘zining maqsadiga bir daraja yetdi. Ya’ni ularni ustindan har yerga arizalar berub, baland-past amaldorlardan ko‘pini bekor qolishga muvaffaq bo‘ldi. Ham bu ish bir firqa “boy”larga ma’qul bo‘lmasdan ul boylar bo‘yinlarini Turkiston chaqimchilar mahkamasiga egib, salomni quyuq berdilar. Oxranka esa kelajakda o‘ziga zo‘r dushman bo‘lib chiqadurgan bu “taraqqiyparvarlar” firqasi ila kurashmakka boshladi. Chaqimchilar mahkamasi musulmon yoshlarining yangi ham quvvatlik bo‘lgan bu partiyaning ichiga o‘zining zaharlik tomirini yoydi… ham harakatlari bo‘shqa ketmasdan xayrlik “oqibatlari”ni ham ko‘rdi… Shunday kilib, “Qori” ham “Nozim” laqablik chaqimchilar tez-tez yoshlarning ahvolidan “yaxshi xabarlar”ni oxrankaga bildirub turibdilar… Shul xususda firqaning va boshqa hamma ishlarning boshi hamda Toshkanddagi oxrankaning kattasi bo‘lgan Shalkovskiy ila so‘zlashmak uchun odamlar ham yuborildi. Agarda Andijon shahrida bu firqaning ichiga tilmoch bo‘lub turgan Kelginboyev ham Boytursunov degan mal’unlar kirub, harakat qilub, ish yuritmasalar bu firqa xiyla kuchayar edi… Chunki bu firqa hukumat ma’murlarining har biri ila hatto zo‘r boylar ila-da kurashga boshlab butun Andijon va atrofini dahshatga tushurgan edi. Mana shul holda haligi mal’un tarjimonlar onlarning ishlariga aralashub, o‘zlari bilan bir bo‘lgan bo‘lub turub, onlarning tomurlarina bolta chopdilar… Komissiyada musulmonlar ichinda Turkiston va Buxoroda ish buzub (chaqimchilik qilib) yurganlarning nomlarini va asllarini g‘ayrat ila tekshirub yotadir. Vaqti ila onlarning nomlari e’lon etilur”. Gʻazetaning yozg‘ani munda tamom. Endi o‘z tarafimdan shuni aytaman. Andijon musulmonlari ichlarindagi ob-ochiq e’lon etilgan chaqimchilarni oqlamoq uchun harakat qilub yotadurlar. Biri: muvaqqat hukumat a’zosi ham milliy majlis raisi, ikkinchisi: qo‘rboshi, uchinchi birisi, potrebitelchi… Agar, munda aytilgan Kelginboyev biz bilgan Kelginboyev bo‘lsa, bu kishi Izboskandda uchastka komissari saylanib yotadir… Agar, munda aytilgan Boytursunov, biz bilgan Boytursunov bo‘lsa, ul-da mundag‘i hamma jamiyatlarning muhtaram bir a’zosidir… Butun musulmon yoshlarining yo‘lboshchisidir… duma a’zosidir, rabochiydir, taraqqiyparvardir, u-dir, bu-dir… Xulosa, har nimadir?!! Musulmon yoshlari! O‘tgan kunlaringizni esdan chiqarmangiz! Qora kunlarning qora ko‘lankalari sizga oq sham bo‘lib, yoruq berub turadir… Qora “Oq” bo‘lurmi? Ey bechora soddadillar!!! Chetdagi talabalarimizga yordam Toshkentda bir necha yil muqaddam muallimlik qilg‘an eslik yoshlarimizdan Abduvahob Murodiyning Germaniyaning oliy ziroat maktabida o‘qib turg‘anlig‘i to‘g‘risida gazetamizda vaqti bilan ma’lumot bergan edik. Yaqinda mazkur Abduvahob o‘rtoqdan «Ko‘mak» uyushmasiga bir xat kelgan. Vahob o‘rtoq ul xatida oliy ziroat maktabini bitirgunicha ta’min qilmoqni bo‘ynig‘a olg‘an xususiy bir shaxsning vafoti orqasida hozir butkul ta’minotsiz qolg‘anlig‘ini, agar o‘z yurtidan yordam bo‘lmasa, o‘qishdan chiqishg‘a majbur bo‘lishini yozadir. Uning ta’minojizlik sabablik qiyin va og‘ir bir holda qolg‘anligini Germaniyaga yangigina borib yetgan talabalarimizdan o‘rtoq Saidali va Ahmad Shukriylar ham tasdiq etganlar. 23 noyabrda Toshkent yoshlarining gap majlislarida shu to‘g‘rida so‘z qo‘zg‘olib, o‘rtoq Vahobning yozgan xati o‘quldi va darhol uni ta’min qilmoq uchun tashabbus boshlandi. Shul yerda yig‘ilg‘an o‘rtoqlar barchasi bir og‘izdan oyliklarining yigirma besh foizini berishga qaror berib, yana bir-ikki kishining hamiyati bilan bir milliardga yaqin aqcha to‘plandi. Gap majlisida hozir bo‘lmag‘an boshqa o‘rtoqlardan ham yig‘ib, shul mablag‘ni o‘rtoq Abdulvahobning bir yillik ta’minotiga yetkarmakka bo‘lindi. Shu maqsad bilan Eski shaharda bir adabiyot-tomosha kechasi yasamoq uchun kishilar belgilandi. Bundan boshqa yana chetga (Germaniyaga) ketgan talabalarimiz faqat bir yilgagina ta’min etilib ketganliklari esga olinib, ularni o‘qishlari bitguncha ta’min qilmoq uchun jiddiy choralarga kirishmak lozim topilib, bu haqda kelgusi gap majlisiga puxta yo‘llar va choralar topib kelmak uchun ikki o‘rtoq vakil qilindi. Eski odatlarimizdan bo‘lg‘an gap majlislarida bunday xayrlik tashabbuslar, amaliy harakatlar ko‘rilishi ko‘p yaxshi va o‘rnak bo‘lg‘ulik bir ishdir. Gapdan ishga, o‘rtoqlar! Chimkant xatlari I Bilmadim, nimagadir, “tasodif” (случай) degan so‘z, menga ko‘b oz, ko‘b xira, ko‘p tor bir ma’noni anglatadur; balki, kengrak narsalarni olg‘an vaqtimda “tasodif”ning rangi butun o‘chib, yuzi ko‘runmay, uning borlig‘i bilan yo‘qlig‘i orasida farq qolmaydur… “Tasodif” men istagan ma’noni bera olmag‘andan keyin “nasib” (судьба) so‘zini qo‘llanishqa ehtiyoj seziladur. Shundoq qilib, nasib bizni Chimkantga keltirib tashladi. Ulug‘ Qitoy yo‘li ustida, tarixiy jihatdan ahamiyatli bo‘lg‘an asarlari bilan birga buloqlarning sarin quchog‘ig‘a o‘runlashqan bu daryo, butun dunyo doirasida bir shuhratka ham ega bo‘lsa kerak. Nimaga desangiz, shu eski shaharning nihoyatida, Yettisuv temiryo‘lining yonida baland mo‘risi bilan ko‘runub yotqan darmana (santonin) zovudi, bizdan ko‘ra ko‘prak g‘arb o‘lkalariga ma’lumdur. Qora uy(o‘tov)larining oldig‘a g‘aram-g‘aram qilib darmana ko‘katini to‘plab qo‘yg‘an bir ko‘chma qozoq, kichkina do‘konining qaysi bir qutusig‘a bir necha siqim “darmana” degan narsani tashlab qo‘yg‘an bir sart, uning olamshumul ahamiyatini tushunadur, deysizmi? Turkistong‘a va uning qiymatli ma’danlariga doir yozilg‘an kitoblarni o‘qug‘an bo‘lsam, darmananing olamshumul ahamiyatidan ko‘broq gapirgan bo‘lur edim. Lekin, taassufka qarshi, ilmiy asarlar mendan ko‘b yomon qochadurlar. Shuning uchun o‘z so‘zlariga o‘zlari ishong‘an kishilarning rivoyatiga qarab, darmanani, Amriqodan boshqa, dunyoning hech bir joyida yo‘q deb, yurubman. Istaymankim, shu ishonchim to‘g‘ri chiqsunda, darmana yetishdiradurg‘an yovvoyi sahrolar tez vaqtda jannatka aylansunlar! Chimkantning o‘zi haqiqatan jannatdak bir joy. Sahrolar diyorig‘a maxsus takallufsizgina temiryo‘l istansasidan shaharga qarab tushub kelayotub, O‘sh-O‘zgant orasidag‘i “O‘tuz adir”da ketayotqandak bo‘lasiz. Adirlarning orasida chuqurliqlar, ularning ko‘ksida to‘la ko‘mko‘k daraxtlarni ko‘rgach birdan bahrangiz ochiladir. Shu choqda qulog‘ingiz tagida Chimkantning bir xil yumshoq shamoli to‘qtamasdan “salom”ini takrorlaydir. Yiroqdan, adirning tepasida bir butxona ko‘runadur. Qandoq muhtasham narsa, bu? – deb bergan savolimga aravakash: Burun vaqtda juda katta butxona edi, hozir qulub qildilar – deb javob berdi. “Qulub”ni arabcha aytsak “qalb”ning jam’i bo‘lar edi shekilli. Faqat ilgarigi qalblar bilan hozirgi qalblar orasida qandoq zo‘r farq bor! Indamay orqa-oldimizg‘a, o‘ng-so‘limizg‘a qarab tomoshag‘a berilamiz. Chimkantning mas’ul ishchilaridan biri bilan uyaz ijroqo‘mi (o‘zicha aytganda “otqaru” (“oqartuv” bo‘lsa kerak – I.M.) qo‘mitati”)ga kirdim. “Tubjoy xalq tilida gazetalar bormi, bersangizchi!” dedi rafiqam. Ijroqo‘mning shundoq ishlari bilan shug‘ullanaturg‘an bir musulmon xotuni: “bizda “Oq jo‘l”g‘ina bor, qozoq bo‘luslari uchun yozdiriladur, o‘zbakcha gazetalarni tubda olmaymiz!” dedi. Chiqdiq. Zotan, munda o‘zbaklar kamchilik tashkil qiladurlar ekan, bu to‘g‘rida juda g‘alati hangamalar eshitishka to‘g‘ri keladur. Oyniqsa, mana bu milliy jumhuriyatlar mas’alasi chiqqandan beri bir ota – bir onaning bolalari ko‘b “ehtiros”g‘a berilganga o‘xshaydurlar. “Birlashingiz, butun dunyo yo‘qsullari!” qandoq ma’noli jumla!.. Tubjoylashdirish ishlari xususidagi markaz ijroqo‘m buyrug‘i, o‘lkaning hech qayu yerida, Chimkantdagidak “muvaffaqiyatli” o‘tkazilgan emas! Uyaz ijroqo‘mida yuqorida aytib o‘tilgan bir musulmon xotun bor, sarkotibning unvoni (familiyasi) ham tubjoy xalqnikiga yaqinlashubroq eshitildi. Shoʻba mudirlari orasida tubjoylar bor. Qolg‘anlarning hammasi ham ovrupali o‘rtoqlarimiz! Bu yerda hatto, tubjoy xalq tilida yozilg‘an arizalarni qabul qilmaslar emish, degan gapni eshitdim. Lekin, sho‘rolar hukumatining 7 nchi yil davomida mundoq latifa (анекдот)larga ishonadurg‘an ahmaq yo‘qdur deb o‘ylayman! Maorif ishlariga ham bir oz to‘qtalub o‘tayik. Kelgusi xatlarimda ham yana, ehtimol, to‘qtalurman. Nimaga desangiz, tubjoylashdirish mas’alasidagi haligi mo‘jiza – karomatning kalidi shu maorif eshonining, shu bilim pirining qo‘lidaku! Katta ko‘cha (Sho‘ro ko‘chasi)dan o‘tub boramen. Yaxshigina bir binog‘a ko‘zim tushadur. “Belinskiy nomig‘a ochilg‘an o‘rta maktab”. Ochiq terazalaridan: viqor va diqqat bilan dars berib yotqan muallimlarni butun-butun e’tibor va diqqatg‘a aylanib dars tinglab yotqan ovrupali bolalarni ko‘ramen. Po‘chta ko‘chasi (Poltoratskiy ko‘chasi)ga burulg‘ach, unda ovrupali qizlar o‘turadurlar. (“Lunacharskiy nomig‘a ochilg‘an birinchi bosqich maktab”) Shunda: eski shaharda, men o‘turg‘an mahalladagi maktabdan har kun ertalabdan qulog‘img‘a kiraturg‘an “Apalamza al” dovushlarini eshitkandak bo‘lamen. “Apalamza al”, hali ham shu “Apalamza al”! NEP (Yangi iqtisodiy siyosati)dan burun shaharda er va qizlar uchun 15, uyazda 5 maktab bo‘lg‘an. NEPboy kelgandan keyin maktablarni xalq yelkasiga og‘darish boshlang‘an. Buning natijasi hozir shu: shaharda erlar uchun 4, qizlar uchun 1, jam’i 5 maktab qolg‘an. “Shunga ham shukr” deydi, bir muallim. Bu – faqat, o‘zbaklar orasidag‘i maorif. Qozoq qarindoshlarimizning ko‘chmachilik hayoti maktablarni ko‘b-ko‘b ochishqa yo‘l bermaydur shekilli. Yo‘q esa, ishlaydurg‘an kishilari, oyniqsa, o‘z eliga jon kuydirub, hatto taassub darajasida berilib xizmat qiladurg‘an ma’rifatli yigitlari ko‘b. Sirdaryo muzofotining qozoq ta’lim-tarbiya texnikumi ham Chimkantda, Toshkantdan bu yerga ko‘chirganlar. Ovrupalilarning internatini ko‘rdim. Bolalarning kiyim-kechak vajhidan ahvollari juda xarob. Ularning ovrupali bolalari ekaniga ishong‘um kelmadi. Shu choqqacha, biz ovrupolilarning maktab va internatini hamma vaqt boshqa xilda ko‘rub kelgan va shunga o‘rganib qilg‘an ekanmiz. To‘g‘risi, men hayron bo‘ldim va odamliq tuyg‘um bilan ular uchun astaydil achindim… Chimkantning hozir mavsumi o‘tdi. Lekin, shundoq bo‘lsa ham qimizxo‘rlar juda ko‘b kelib turadurlar. Ketayotqanlar ham ko‘b. Kechagina Toshkantdagi maorif va matbuot ishchilaridan bir nechtalari munda edilar, Samarqand maorif xodimlari ham bor. Qisqasi: Chimkant, hali, odamni o‘ziga tortishda davom etadur. Erta-indin, kuz sharpalari kela boshlag‘ach shahar ham, ravnaqi keta boshlab, qurug‘an qirlari bilan dardlashib qolur, deydilar… Chorjo‘ydan xatlar: Yangi Chorjo‘y «ajoibalari» Siz o‘rtoqlar, markazda ishga ko‘mulub ketgansiz-da, bizning yangi Chorjo‘y ahvolidan hech nima bilmaysiz. Bizlar, o‘zimiz jingqorchadek kichkina bo‘lsaq ham, Amudaryoning balig‘iday har narsani bilib turamiz. Siz o‘rtoqlar, Chorjo‘yda suv toshqini bo‘lub, qancha imoratlarning “xijolat” bo‘lub, uyalib bo‘yni bukilganini bilmaysiz. Siz o‘rtoqlar, ul imoratlarni qaytadan turg‘uzmok, qaytadan tuzatmak uchun tayyorlang‘on plonlarni, ismeta va hisoblarii bilmaysiz. Siz o‘rtoqlar, Chorjo‘y ostonasida markazdan kelgan va mahalladan chiqg‘on mas’ul xodimlarning “payka”larini (ya’ni eski massilarini) ko‘tarib, bilim olomay, poyezdg‘a haftalarcha sargardon bo‘lib yurishlarini bilmaysiz. Siz o‘rtoqlar, yangi Chorjo‘yning oqsoqoli, boboylarning oq sochli kampirlarini tanimaysiz, ularning holo ham bo‘lsa yangi maktablarga va ularning muallim va muallimalariga “orqadan g‘iybat” toshi irg‘itishlarini bilmaysiz. Siz o‘rtoqlar, Chorjo‘y “tutash”larining “Kogon”nikilar bilan “taqlid” (o‘xshash) maydonida qandog‘ chopishqonlarini, yopishqonlarini bilmaysiz. Siz o‘rtoqlar, yangi Chorjo‘y yigit va qizlarining onalari oldidan “soroniyog‘a boramiz” deb chiqib ketib, shahar boqchasi va temir yo‘l boqchalarida “semichka” chaqib “sobraniya” qilishlarini bilmaysiz. Bizning yangi Chorjo‘yda “sobraniya”lar, “saylovlar” hamma vaqt kechasi bo‘ladir! Shuning uchun yosh yigitlarga ko‘b yaxshi va ko‘b erkin. Siz kunduz majlislaridan so‘zlamangiz, unda “shu” bor, a bizga “ish” emas, “tish” kerak. Siz ko‘b narsani bilmaysiz, men ko‘b narsani bilaman. Men yangi Chorjo‘ydag‘i Buxoro Jumhuriyatig‘a qarashliq bir muassasani bilamankim, butun Buxoro Jumhuriyatida mundog‘ ishlik muassasa yo‘qdur… Uning aka-ukasi, tog‘o-jiyanlari ham bor… Ularni ham yozar edim. Hozir qo‘rqib turaman, shoshmang, bir uzunroq mandat qo‘lg‘a tushuray, so‘ng yozarman-da balki. Dehqonlar ziyofati 13 inchi iyulda paxta qo‘mitasining birinchi zavodi oldida shaharga ish bilan kelaturg‘an dehqonlar uchun qizil choyxona ochildi. Choyxonaning ochilish marosimiga qishloqdan dehqon vakillari chaqirilg‘an edilar. O‘shal kuni Toshkantdan o‘rtoq Xidiraliyev boshliq jumhuriyatimizning oqsoqollari kelishib qolib, ular ham ziyofatda hozir bo‘ldilar. Choy-nondan so‘ng markaz dehqonlar kaperativi raisi, o‘rtoq Mirza Homid Xo‘jayev majlisni ochib, birinchi so‘zni o‘rtoq Xidiraliyevga berdi. O‘rtoq Xidiraliyev sho‘rolar hukumatining dehqonlarga qarashi va qilgan ham qilaturg‘an yordamlari to‘g‘risida gapirdi. So‘z orasida: “Hukumat tomonidan dehqonlarga berilaturg‘an yordamni joy-joyiga topshirishda orag‘a o‘zi ishlamay turg‘an dehqonlar va burung‘i “kami nasiyachilar” aralashmasun. Hukumatining yaxshilig‘ini ular o‘z nomlariga olib qolmasinlar”, – deb o‘tdi. Undan so‘ng o‘rtoq Chanishev so‘z olib, dehqonlarni tamom tinch turmushqa kirgizmaguncha qizil qo‘shun kurashishda davom etadir dedi. So‘ngra dehqonlarning o‘z oralaridan Mavlonqul ota turib, hukumatning dehqonlarga qilgan moddiy yordamini, bosmachilarni bitirish ishida qilayotqan harakatini bir-bir sanab o‘tub, “endi yurt tinchib qoldi” deydir. So‘ngra hukumatdan ot-mol va pul bilan yana yordam berilishini so‘raydir. Dehqonlar o‘zlari bosmachilarni tutub, yo‘q qilishib berurlar deb dehqonlar nomidan va’da beradir. Mavlonqul ota shu so‘zni aytkandan so‘ng dehqonlarga qarab “shunday emasmi?” dedi. Munga hamma dehqonlar birdan guvullashib “ha!” deb javob berdilar. Otaning so‘zlari olqishlar bilan qarshi olinadir. Undan kegin o‘rtoq Isaqulov turib pul bilan yordam to‘g‘risida markazga telegrom berishga, hozirg‘a esa keltirilgan bug‘doydan nasiya berib turishga va’da qiladir. Oxirda o‘rtoq Mirza Homid Xo‘jayev qizil choyxonalar va kaperatsiyalar to‘g‘risida so‘zlagandan so‘ng majlis yopilib, oshdan so‘ng musiqa tovushi ostida tarqaladir. Do‘xtur Muhammaddiyor Turkistonning qorong‘u bir go‘shasida... nomlik bir uezdni shaharda Hoji Ahmad ismli 60 yashar bir kambag‘algina sartarosh hoji bor edi. Aning xotuni chaxo‘tka (sil) kasaliga mubtalo bo‘lub, to‘quz oy qadar xastalik to‘shagida yotgandan so‘ngra vafot bo‘lg‘on edi. Ul xotundan Muhammadiyor isminda bir o‘g‘il tug‘ilgan edi. Hoji Ahmad o‘z shahrida «Hoji sartarosh» deb mashhur edi. Aning hojilig‘ining bosh sababi 15 yashar ekan vaqtida otasi ila hajga borgan edi. Otasi hajda vafot topkandan so‘ngra «yolg‘uz o‘zi Misr, Istambul, Fas-Marokash, Bulujiston, Bag‘dod, Eron va Afg‘oniston taraflarni va ichki Rusiyani o‘n yil qadar sayohat qilub qaytkan edi. Sayohatdan qilg‘on foydasi forscha, arabcha, ruscha va inglizcha tillarda suylamakg‘a qodir bo‘ldi. Ammo o‘zining nodonligi sabab bo‘lub sayohatda ko‘b mashaqqatlar ko‘rganligidan o‘g‘li Muhammadiyor o‘quv yoshiga yetar-etmas butun kuch va quvvati ila ani o‘quturg‘a harakat qildi. Muhammadiyor o‘n yoshiga yetkanda ichkari Rusiyadan Ufa madrasai Oliyasini biturgan bir muallim kelub qoldi. Bu shaharda bir-ikki hafta turgach, xalq og‘zidan gazet o‘qiydirgan va «etmish ikki tilni biladirgan» hoji sartaroshning shuhratini eshitub, ko‘rushmoq uchun Hoji Ahmadning sartaroshlik do‘koniga keldi. Muhammadiyor ham shunda o‘turgan edi. Otasining ishorati ila o‘rnidan turub kamoli ta’zim ila ko‘rushdi. Hoji Ahmad ila muallim afandi uzoq so‘ylashub o‘turdilar. So‘z orasida muallim afandiga Hoji Ahmad: — Menim bisotimda shul birgina o‘g‘lim bor. Buni zamona iqtizosincha o‘qutmoqni xohlayman. Agar qabul qilsangiz shunda, bizim havlimizda turub shunga yaxshigina milliy tarbiya bersangiz, so‘ngra hukumat maktablarida o‘qutsam, — deydi. Muallim biroz fikr qilub turgach, o‘qutmakni qabul qildi. Hoji Ahmad do‘konini yopub, muallimni havlisiga olub keldi. Muallimda yosh Muhammadiyor kamoli shavq-zavq ila o‘qumakda edi va bo‘sh vaqtlarini ham — o‘qumagan bolalar kabi choyxona, bazm va fahshxonalarda yurmay — bir rus ofitserining taxti «rayosati»da tarbiyai badani o‘yinlari ijro qilmakda va foydali kitoblar mutolaasi ila o‘tkarmakda edi. Bu tariqada bir yil g‘ayrat ila o‘qudi. Bu muddatda butun ahkomi islom, tarix va jug‘rofiyolarni mukammal bildi. Bir yildan so‘ng Hoji Ahmad sevikli o‘g‘lini hukumat maktablariga bermakchi bo‘ldi. Oh... faqat pul yo‘q edi! Shu pulsizliki juda ezmakda va bechora bolani allaqancha fazl va kamolot, ilm va urfondan quruq va mahrum qo‘ymoqda edi! Nochor muallim afandisi ila barobar yordam qilmaklarini o‘tunmak uchun shahar mo‘’tabaroni huzurlariga bordilar. Ba’zi boylar muallimning qiyofasini ko‘rgan hamon eshigidan kirg‘uzmasdan haydamakda va ba’zilari qabul qilmakda edi, ba’zi birlari esa, Muhammadiyorning chiroylikligiga qiziqub birmuncha oylik ila o‘ziga mirzalik va mahramlikg‘a so‘ramakda edi. Faqat bizim Hoji Ahmad bularning qiladirgan kirdikorlaridan xabardor bo‘lgani uchun sevikli o‘g‘lini bermas edi. Bechora Hoji Ahmad boylardan yordam umid qilmakni tashlab, boshqa yo‘llar izlamakda edi. Bu vaqtda shaharda katta to‘ylar bo‘lmakda, qimorbozlar, mastlar bir-birlarin pichoqlashub, inson qonlari «jaholat!! jaholat!!!» deb oqmakda edi!.. Birdan-bir bo‘lgan shogirdlarga yordam jamiyati aqchasizlikdan to‘qtagan edi! Bu orada muallim afandi ketmoqchi bo‘lub hozirlandi. Kech soat 9 larda Hoji Ahmad o‘g‘li ila birgalashub muallim afandini kuzatmak uchun vagzalga chiqdilar. Kuzatub qaytub yotkanda bir joyda qimorbozlar pul talashub mushlashmakda ekan. Hoji Ahmad kelub nasihat qilub ayira boshlagandan so‘ng, birisi kelub Hoji Ahmadni bo‘g‘ub o‘ldurdi va Muhammadiyorni yarador qildi. Hoji Ahmad o‘lur vaqtida Muhammadiyorga qarab: — O‘g‘lim!.. Meros sen... ga... o‘lturgan... joy... Vasiyatim... o‘qu... o‘... qu... o‘qu... o‘qu... Men... r-r-r... zomen, — deb jon taslim qildi. Muhammadiyor o‘lduruvchilarning bir-ikkisin tanub, har nima qilub bo‘lsa ham o‘ch olmoqni qasd qilub ko‘rdi. Lekin otasini o‘lduruvchilar bular bo‘lmay, balki jaholat ekanligini o‘ylab tinchgina otasini ko‘mdi. Va o‘zi jaholat ila chindan olishmoqga qaror qildi. Jaholat ila olishmoqning quroli, asbobini esa otasi aytub ketkan edi. Ya’ni, jaholatga qarshu to‘p, miltiq, toponcha, xanjar, o‘q-doru yolg‘uz — o‘quv, o‘quv, o‘quv edi!!! Bir tarafdan otasining vahshiyona bir suratda o‘ldirilg‘onligini va bir tarafdan ilm va ma’rifat ila dunyoga nom chiqarg‘on vatani Turkistonning jaholat daryosida sevina-sevina suzganini ko‘rgan Muhammadiyor xafachilikdan sil(chaxo‘tka) kasaliga yo‘luqdi. Tamom sil bo‘lub yetmasa ham, sillik asari yuzinda zohir bo‘la boshladi. Bu orada shaharda bir katta o‘t chiqub, musulmon mahallalarindan 6-7 mahalla kuyub, musulmonlar sohiblari ko‘chalarda och-yalang‘och qoldilar. O‘rtada bir armani mag‘azini kuygan bo‘lsa ham, armani mag‘azinini istraxavayt etdirilganlikdan zarar oz edi. Oh... bizning musulmonlar-chi? Bizning musulmonlar istraxavaytning nimaligin bilmaydurlar edi. Bilganlari harom, deb qildirmagan edilar... Bu hollarni ko‘rganda odam qandog‘ chidab turolsun? Qaysi vijdon bunga tahmil qilsun? Bechora Muhammadiyor bu hollarni ko‘rub kasali yana ziyodalanmakka boshladi. Shaharning yangi shahar qismida «Ibrat» nomli teatruda «Ichkulik va aning vahim natijalari» nom ibratli bir kartina ko‘rsatilur edi. Har qancha holini bilsa ham chiday olmadi. Bu badbaxt ichkulik natijasini ko‘rmak uchun oshiqub kechni kutdi... Nihoyat, oqshom namozidan so‘ngra piyoda «Ibrat» teatriga qarab yurdi. Teatr ichkarisinda «Ichkilik va aning vahim natijalari»ni ko‘rsatub yarmiga yetkanda, teatru bog‘ida bir toponcha ovozi chiqdi... Kartina to‘qtalib, hamma xalq tashqariga yugurdi. Bechora holsiz Muhammadiyor ham xalq orasida tashqariga chiqmoqda edi. Chiqdi. Qaysi ko‘z bilan ko‘rsun!.. Shaharning musulmon boylarindan ikkisining o‘g‘li teatru bog‘chasida mast holda qarta o‘ynab o‘lturub ozgina pulni talashub turub birisi toponchasin chiqarub birisiga otub yuborgan. Otuvchini ushlab, majruhni xastaxonaga yuborsalar ham, majruh yo‘lda jon bergan. Otuvchi ham teatru bog‘chasida bu holga hayron bo‘lub o‘z-o‘zin otgan... Ikki musulmon jaholat sababli yosh-yosh bu dunyoga vido qildilar. «Ichkilikning vahim natijalari» haqiqat bo‘lub ko‘rildi... Bu hollarni ko‘rgan Muhammadiyor ham hushsizlikdan yiqildi. Muhammadiyorni politsa shahar xastaxonasiga olub bordi... Muhammadiyorning otasi yo‘q, onasi yo‘q, qavm-qarindoshi yo‘q... kim kelub holidan xabar olar?! Oh, yolg‘uzlik... oh, yetimlik... Oh, bunlarga sabab bo‘lg‘on jaholat... Ket! Yo‘qol!.. O‘l!.. Bir oy qadar shahar xastaxonasida davolangandan so‘ngra Muhammadiyor yaxshi bo‘lgan erdi. Xastaxonadan chiqqan vaqtda do‘xturlar davolanmoq uchun Qofqoziyag‘acha borarg‘a ham shul taraflarda turub o‘qurg‘a tavsiya qildilar. Muhammadiyor puli yo‘qligini kuch hol bilan do‘xturlarg‘a bayon qildi... Do‘xturlar biroz mushovaradan so‘ng Muhammadiyorga bir xat berdilarki, bu xat bilan butun Qofqoziya xastaxonalarinda borub davolanub yotsa ham bir tiyin haq olinmas edi... Muhammadiyor xastaxonadan chiqub havlisiga keldi... Havlisida hech kim yo‘q: na ota bor, na ona bor... ne qo‘rqinch manzara!.. Havlini 6 oyga bir rusga 225 so‘mg‘a ijaraga qo‘yub, kech soat 7 da istansag‘a qarab yuruvdi, kelsa, po‘ezd ketgan... Erta bilan soat 9 dagi po‘ezdga qoldi... Mahzun holda yana uyg‘a qaytub, o‘z xonasidagi rusda bir kechalik mehmon bo‘ldi... Erta bilan soat 8 da istansag‘a chiqub, po‘ezdni kutub turdi. Nihoyat, XX asr madaniyati keldi ajdar kabi pishillab, har tarafga suv chochub... Muhammadiyorni vatanidan ayirmoqchi edi. Istansada bir g‘arib manzara ediki, Muhammadiyorning ko‘nglini buzmoqqa boshladi: bir musulmon xurjun yo‘qotgan! Biri boraturg‘on istansasin nomini bilmay, boshqa istansag‘a bilet olub qo‘yg‘on... va shunga o‘xshash dahshatli manzaralar oldida Muhammadiyor qotub qoldi. Nihoyat, ikkinchi zuvano‘k urilganda, chiqub uchinchi klasdan joy topub o‘lturdi. Haligi qo‘rqinch manzaralar bunda andin ham ziyoda hukm surmoqda edi: bir musulmon birisi bilan urushub burni qonag‘on, bir musulmonni po‘ezd ma’murlari tutub olub uradirlar... Muhammadiyor chidayolmadi. Po‘ezdning tashqarisig‘a chiqub tikka turub istansani tomosha qila boshladi. Bir armani Qofqozning qorong‘u go‘shalarindan kelub, istansada do‘kon ochub, boy bo‘lub ikki o‘g‘lini hukumat maktablarida tarbiya qilmakda... Va yerli musulmonlar esa topkan pullarin to‘yg‘a, janozag‘a sarf qilub faqirlikda, xorlikda qolmoqda edilar. Yana ko‘ngli buzuldi, yana diqqatlik, oh... O‘yg‘a botdi. Bir vaqt uchunchi zuvano‘k ham uruldi. XX asrning otsiz arobasi yuraman deb bir qichqirub, ilgariga qarab harakat qila boshladi... Ya’ni Muhammadiyor muqaddas vatanidan ajrab yot ellarg‘a borub, yot bir maishatg‘a qarab yurar edi. Uchinchi (klas — red.) po‘ezdning ichiga kirub biroz ul taraf-bul tarafg‘a aylanub yurdi. Boshi tamom Turkiston haqinda fikrlar, o‘ylar ila to‘lgan edi... Birozdan bir ovoz keldi: — Muxamed’-yar’! Qaradi. O‘ziga tarbiyai badaniya ta’lim bergan rus ofitseri Pyotr edi. Muhammadiyor borub ko‘rushdi va ofitserga: — Qayg‘a borasiz? — dedi. Ofitser: — Men bir askariy ish bilan ikkinchi istansag‘a tushaman. Siz qayda borasiz? — deb savol qildi. Muhammadiyor biroz o‘ylab turgandan so‘ng: — G‘urbatga! — Nima uchun? — O‘qumak... o‘qumak... o‘qumak uchun, — dedi. Muhammadiyorga «Otangiz salomatmi?» deb ofitser bir savol berishig‘a qarshu, u ko‘zlaridan yosh oqizub: — O‘ldi... — deb javob berdi. Bu so‘zni eshitgach ofitser ham ko‘zlaridan marhamatli yoshlarini oquzdi. Muhammadiyor ofitserdan bir durbin so‘rab olub balqo‘ng‘a chiqdi. Vatanning tuprog‘i ustina suvlarin chochub, atroflarda o‘turgan yerli musulmonlarning diqqatin jalb qilub yurmakda edi. Muhammadiyor durbin ila uzoqdagi tog‘larga qarab turub, ko‘z yoshlarini oquzub tog‘larga va o‘zining orqasida qolg‘on vataniga xitob qilub: — Ey, Chingiz va Temur askarlarini ko‘rgan qop-qora tog‘lar! Ey, vatanim Turkistonning eski davrini ko‘rgan tog‘ bobolar! Chin ayting! Bu yigirmanchi asr madaniyatini ham ko‘rub turubsiz! O‘n kunlik yo‘lni o‘n soat qilg‘on bu yigirmanchi asr madaniyatining ayg‘irini ko‘rub vatandoshlarim nimaga og‘izlarin ochub qoladilar? Nimaga bu madaniyatga kirmakka o‘zlari harakat qilmaydilar? Qachongacha ikki g‘ildirakli, ko‘chalarda sig‘maydirgan arobalar? Ey, vatandoshlarim! Qachong‘acha bu g‘aflat? Nimaga buncha xushyoqmassizlar? Axir sizlar ham odam-ku! Odamlardek harakat qilingizlar! Ko‘z oldingizga kelub turg‘on ilm va ma’rifat mevasidan foydalanmasdan nimaga og‘izlaringizni ochub qarab turasizlar? Nimaga bu ishlarga kirishmaysizlar? Uyqudan ko‘z ochinglar! Uyqudan ko‘z ochinglar! Urinunglar! Ilm, ma’rifat va hunar izlanglar! Vaqt yetdi, balki o‘tdi! — der edi. Kech soat 7 da ofitser ila Muhammadiyor vidolashdi va o‘zining joyiga kirub uyquga ketdi. Bir necha kundan so‘ngra Muhammadiyor o‘zini Bokuning katta istansasida ko‘rdi. Qo‘lida tugun va boshqa narsalari bo‘lmaganligidan tezlik ila po‘ezddan tushub, bir arobag‘a o‘lturub shahar ichiga qarab yurdi. Musulmon milio‘nerlari, musulmon boylari, necha turli jamiyatlari, boylarning xayriyat yo‘liga milio‘nlab ionalari ila mashhur Boku shahri Muhammadiyorg‘a ajib tuyulur edi. Bokuning birinchi gazitalaridan bo‘lg‘on va butun islom shaharlariga ketadirgan kundalik (o‘n sahifa) «Qofqoz» nomli gazita idorasiga kirdi. Mudiri ila ko‘rishdi. Mudirga hamma ahvolni ochiq tushundirdi, u chorasiga kirishurman, deb javob berdi. Muhammadiyor shaharni kezmak uchun idoradan chiqdi. Kech bir milio‘ner tarafidan sharq usuli me’moriysida bino qiling‘on «Bahri Hazar» nomli no‘mirda qo‘ndi. Erta birlan mashhur bir kitobxonadan bir no‘mir «Qofqoz» gazitasin oldi. Bosh tarafida shul e’lonni ko‘rdi: Ehtirom ila jamiyat mudiri... Kech soat yetti yarimda biroz a’zolar maslahat qilg‘onlaridan keyin Muhammadiyorni oliy tahsiligacha jamiyat o‘z hisobiga o‘qutmoqg‘a qaror berdi. O‘qushni tamom qilg‘ondan keyin ikki yilg‘acha Boku va atrof qishloqlarda leksiya o‘qumak shart qilindi. Emdi Muhammadiyor baxtiyor o‘lmish va baxt qushini qo‘liga qo‘ndirmish edi. Buncha tortkan mashaqqatlarining mevasin bundan keyin yeyajak edi. Vatan va millatina moli va joni ila xizmat qilajak edi... O‘z vatanidan va o‘z vatandoshlaridan yordam ko‘rmagan Muhammadiyor Boku yoshlarining himmatlari ila umidiga yetushdi. Ya’ni, shahar maktabiga doxil o‘ldi. Demak, eng muqaddas amaliga yetdi. Endi oz bo‘lsa ham o‘zini xor qilg‘on vatan va vatandoshlarig‘a xizmat qilajak edi. Muhammadiyor qayda bo‘lsa ham o‘z vatanini, o‘z yurtini va o‘z joyini tushunar va yig‘lar edi. Bir kun kech, asr vaqtida shahar bog‘chasiga kirub, iskamiyada o‘lturub gazita ko‘rar edi... bir yeriga ko‘zi tushdi. Ko‘rdiki: O‘qub bitirdi-da, shodlig‘idan qayda o‘turganini unutub sakrarga boshladi... Shul vaqtda yoniga Boku yosh muharrirlarindan bir do‘sti kelub o‘ltirdi. Muhammadiyorning sakraganini ko‘rub hayron bo‘ldi, etagindan tortub iskamiyaga o‘lturg‘uzub: — Muhammadiyor afandi! Nima bor bu qadar sevinch? — dedi. Muhammadiyor yolg‘uz: — Turkistonda birinchi m...m...m...m...artaba tia...t...t...t...tr, — dedi-da, fikrg‘a toldi. Bokuli muharrir biroz o‘turub, turub ketdi. Muhammadiyor bir vaqtda turub qarasa, kech soat 12 bo‘lubdur. Bog‘chada hech kim qolmog‘on. Muhammadiyor turub bog‘chadan chiqdi. Imtihon vaqti yaqin bo‘ldig‘idan Muhammadiyor kecha va kunduz harakat bilan chalishmakda edi. Nihoyat, imtihon bo‘lub o‘tdi. Muhammadiyor birinchi bo‘lub o‘tdi. Muhammadiyor birinchi bo‘lub imtihon berub chiqdi. Muhammadiyor kecha-kunduz tinmay harakat qilg‘onlikdan yengil bir xastalik arz bo‘la boshladi. Tabiblar tavsiyasi ila Borjo‘m suvlariga borub bir oy qadar davolanub, tuzalub qaytdi. Yana shul Boku jamiyati xayriyasining yordami ila Muhammadiyor Boku gimnaziyasiga kirdi. Muhammadiyor gimnaziyag‘a kirgandan keyin gimnaziya darslarig‘a shul qadar muhabbat qo‘ydiki, bayram kunlarida ham chiqmas edi. Soat o‘tdi, kun o‘tdi, yil o‘tdi... Muhammadiyorning gimnaziyadan ham chiqar vaqti yetdi. Nihoyat, imtihon ham bo‘lub o‘tdi. Gimnaziya imtihonida ham Muhammadiyor birinchi chiqub oltun medal oldi. Yana Jamiyati xayriya yordami va Boku boylarining himmatlari ila Petro‘g‘rad dorilfununining tib sho‘’basiga kirdi. Muhammadiyor dorilfunung‘a kirgandan so‘ng ikkinchi yili vatani Turkistonning madrasa shogirdlari hayotindan olub «Umrlik shogirdlar»1 nomli bir ro‘mon yozdi. Ro‘moni 12 juz’ bo‘lub, Turkistonda hanuz mundog‘ milliy maishatdan olingan katta ro‘mon chiqmag‘on edi. Hattoki bu ro‘mon Petro‘g‘radda muntashir rus jurnallaridan birisida ruscha tarjima etulub bosildi. Bu ro‘mon shunday mohirona yozilg‘on ediki, madrasada qirq-ellik yil turganda ham mundog‘ yaxshi va shogirdlarning madrasada o‘qumay samovarlarda davr surg‘onliklarini yozmoq mumkin emas edi. Dorilfununni tamom qilub chiqishig‘a bir yil qolg‘onda poytaxt, chunonchi, Maskav va Petro‘g‘raddag‘i turkistonli maskavchi boylar hayotidan olub «Poytaxt mehmonlari» nomli bir teatru kitobi yozdi. Bu kitobda ilmsiz boylarning poytaxt no‘mirlarinda til bilmay, ilm bilmay va ajnabiylar tarafindan o‘zlarig‘a qiling‘on haqoratlar g‘oyat mohirona suratda ko‘rsatilmish edi. Bu kitobni ham Muhammadiyor o‘zi ruscha tarjima qilub nashr qildi. Petro‘g‘rad teatrularindan birisida ba’zi bir istudent rafiqlari ila o‘zining maishatini ta’min qilmoq uchun sahnaga qo‘yub, kitobda eng birinchi bo‘lg‘on xo‘jayin ro‘lini Muhammadiyor o‘zi olub, ko‘b olqishlarg‘a muzohir bo‘ldi. Bir teatrdan rasxo‘ddan tashqari o‘z maishatig‘a sof foyda bo‘lub 3000 so‘m qadar qoldi... Nihoyat, imtihon vaqti yetub, Petro‘g‘rad dorilfununining tib shu’basidan birinchi bo‘lub imtihon berub, do‘qturlikka shahodatnoma oldi... Yana vatanig‘a qaytmadi. Bokudagi himmatli boy va o‘zining teatrdan oldig‘i pullari ila bu turkistonli shogird Shveytsariya (Isveychara) dorilfununlarig‘a tajriba uchun yugurdi. Petro‘g‘rad vag‘zalinda kechki po‘ezddan butun maktab orqadoshlari Muhammadiyorni uzatmaqdalar edi. Bir turkistonli kambag‘al bola harakat va g‘ayrat orqasinda Rusiya ulug‘ maktablarin bitirub Ovruponing eng olg‘a ketgan mamlakatlaridan Isveycharag‘a o‘qumoqqa ketadur... Mana g‘ayrat samarasi, mana g‘ayrat mevasi, mana harakat gullari... ibrat... ibrat... ibrat... Mana «Jamiyati xayriya» foydasi, mana ittifoqlik samarasi, mana birlik mevasi... Bizning Turkiston bolasi nihoyat «madaniyat yo‘rg‘asi» ila Isveycharaning poytaxtig‘a borub dorilfununning tib sho‘’basina some’ yozildi. Bechora shogird 7 sana Isveycharada ochlik va to‘qlik bilan sabr va sabot ila turdi. Nihoyat, Isveycharadan ham qaytarg‘a yo‘lg‘a chiqub Italiyo — Turkiya — Rumoniyo— Bulg‘oriyo tuproqlari ila aylanub Odesga, Odesdan to‘g‘ri Toshkand va Toshkanddan Bokug‘a keldi. Boku vag‘zalinda butun Boku yosh ziyolilari Muhammadiyorni qarshi olub o‘zining ma’naviy otasinikig‘a olub tushushub, Muhammadiyorning sharafina 50-60 kishilik bir ziyofat berishdilar. Muhammadiyor Bokuda ochilg‘on Islom tib qursinda 3 yil muallimlik qilub, o‘z vatani Turkistonga qaytmoqchi bo‘ldi. U andagi ma’naviy otasindan ruxsat olub, jaholat daryosinda sevina-sevina suzmakda bo‘lgan vatani Turkistonga qaytub, qo‘ldan kelgan qadar xizmat qilmoqqa maslahat so‘radi. Ma’naviy ota ruxsat berub, kechki paraxo‘d iskalasida Boku yosh ziyolilari uzatmoqdalar edi. Ma’naviy ota ustig‘a «Boku yodgori» yozilg‘on bir oltun soatni Muhammadiyorga berub, andag‘i ziyolilarg‘a qarab bir qisqa nutq o‘qushini Muhammadiyordan tiladi. Muhammadiyor paraxo‘d ustidan turub ziyoli yoshlarg‘a xitob qilub, qisqacha bir nutq o‘qudi. Hozirdan Muhammadiyorni chuchuk ovozlari ila olqishlab, chechaklar irg‘itmoqqa boshladilar. Nihoyat, paraxo‘d hushtak berub, dengiz suvlarini to‘lg‘alandirub Turkistong‘a qarab yurdi... Muhammadiyorning paraxo‘d ustida ziyolilarg‘a xitoban o‘qugan nutqi: — Ey, ma’naviy akalarim! Ey, ma’naviy otalarim!.. Men bir faqir shogird edim, keng Turkistonning eng qorong‘u go‘shasindan ilm va ma’rifat istab shahringizg‘a keldim. Siz himmatlularning himmati millatparvaronalaringiz ila tahsilimni Rusiya dorilfununlaridan o‘tub, Ovrupo dorilfununlarig‘a qadar yetkuzdim. Ishta bu hammasi «Jamiyati xayriya» va «Nashri maorif» jamiyatlarining samarasidur. Men ham vatanimga bordigim ila qo‘llarimni shumorub jaholatda qolgan qardoshlaringizni uyg‘otmoq va turg‘uzmoqqa g‘ayrat qilamen. Ma’naviy shahrim bo‘lgan Boku va ma’naviy aka va otalarim bo‘lgan sizlarg‘a samimiy tashakkurlarimni arz edub, u jaholat daryosining ajdar va baliqlari bo‘lgan biz turkistonlilarning uyg‘onmoqimiz va yo‘l topmoqimizg‘a yordamlashmagingizni hammalaringizdan rijo etaman. — So‘zi shul yerga kelganda, paraxo‘d sekin-sekin qo‘zg‘almoqda edi. — Xayr yashangiz, sog‘ o‘lungiz otalarim, akalarim va suyuklu og‘alarim! — deb nutqini bitirdi. «Madaniyat balig‘i» suvni o‘rtasindan yorub bir dohiyni va bir xodimni vatanig‘a sudrab olub ketar edi. Nihoyat, latif havoli bahor faslida daraxtlar chiqarg‘on barglar kabi ko‘m-ko‘k, millat dardida yo birorta nozanining ishqida va yo birorta xonimning changalida ezilub yuraklari qizil gul kabi to‘lganlarga eng birinchi tasalli beradirgan va onlarg‘a buyuk ruh va umid beradirgan to‘lqunli dengizdan vahshiy (yovvoyi) odam degan bir narsa yashagan yer yuzig‘a chiqdi. «Madaniyat yo‘rg‘asi»g‘a mindi. Qani haligi yumshoq latif havoli dengizlar va suvlar? Qani haligi dengiz suvlarin to‘lqunlatub yuradurg‘on shamollar? Qani 3 — 4 yil avval Isveycharada, Fransiyada, Italiyoda, xususan, Alp tog‘larida ko‘rilgan latifliklar? Qani Alp tog‘lari ustida ishlab topgan pulig‘a va dunyosiga to‘y qilmay, uloq chopdirmay, bachcha o‘ynatmay, eshon-mullalarg‘a va qorni yo‘g‘onlarg‘a yaltiragan to‘nlar kiyguzmay suyuklu o‘g‘lini o‘qutgan va tarbiya qilgan Isveychara qishloqilari? Qani 7-8 qabatlik ziynatlik tog‘lar qadar xonalar? Hozir onlar yo‘q! Oni o‘rnig‘a pastgina xashak va loydan yasalgan binolar va onlarda safil bir holda yashagan musulmonlar! Topganin bachcha, uloq va ichkulukka ham domla-eshon va boylarga shaldiratub to‘n va zarboblar bergan, boylar qo‘linda qul hukmida bo‘lub yurgan o‘zbeklar, qozoqlar, turkmanlar va hammasi musulmonlar... Oh... Oh!.. Bu razolat va bu safolatni o‘z millatida, o‘z xalqida ko‘rub, taraqqiy va tamaddunlarni ko‘rmak, ko‘bni bilgan, ko‘bni ko‘rgan va hamma narsadan xabardor Muhammadiyorg‘a g‘oyat og‘ir tuyulur edi... Ba’zi vaqtlarda ko‘zindan yoshlar oqar edi. Oning ustiga vag‘o‘n ichinda pish-pish uxlagan va bilet yo‘qotub kando‘kturlardan tayoq yegan betartib yana musulmonlar edi. Ortuq Muhammadiyor sabr qilub tura olmadi. Po‘ezdning balqo‘nig‘a chiqub uzoqlarda ko‘rungan haybatlik qop-qora va ustlariga ko‘m-ko‘k maysalar o‘sub chiqqon tarixiy tog‘lar, ota-bobolarining davrlarinda onlarga buyuk-buyuk qal’alik hukmini olgan tog‘lar, tepaliklar, balandliklar, suvlar, o‘rmonlar, daraxtzorlar va qumzorlarni yaltiragan ko‘zlari ila tomosha qila boshladi. Chiroylik manzaralari — uzoq-uzoq, buyuk-buyuk, yashil-yashil va baland-baland tog‘lari Isveycharadan kam emas edi. Nahr-nahr oqub turg‘on suvlari va nima eksa shuni olsa bo‘ladurg‘on mahsuldor tuproqlari ila Amriqodan hech kamligi yo‘q edi. Ilmsiz boylari, johil olimlari, yolg‘on eshonlari va isrofning koni bo‘luvi ila hech bir narsag‘a o‘xshamas edi... Xitoylar ham bu daraja yalqov(xushyoqmas) emas edilar!.. «Xalq o‘z foydasin anglasa, milliy maktab va madrasalar ochsa, Ovrupo dorilfununlarig‘a bolalarin yuborsa, do‘qtur, advokat, muharrir va hunarmand, savdogarlar va muhandis (injener)lar chiqsa, bunlarning har biri o‘z vazifalarinda turub ishlarin tartibi ila yurguzsalar va xalqimizning foydasini kuzatsalar, naqadar oliy va naqadar go‘zal bo‘lur edi!» degan xayollar ko‘ngliga kelur edi. Faqat bunlarni bo‘lishig‘a ko‘zi yetmas edi. Chunki borgan sari orqaga qarab ketmakdamiz... taraqqiy asari hech ko‘rulmasdan bir taraqqiyg‘a ming tadanniy tayyor turadir. Yo‘q, yo‘q! Faqat Muhammadiyorga o‘xshagan ziyolilardan har shaharda bir-ikki chiqa boshlasa, vujudga chiqar edi, deyarga ham bo‘lur edi... Muhammadiyorning o‘z shahrig‘a kelguncha xo‘b shu fikrlar ila boshi aylandi... O‘z shahrining istansasi ko‘runa boshladi. Nihoyat, istansag‘a ham kelub tushdi. Yurub-yurub yana o‘z vatani va o‘z joyiga keldi. Muhammadiyor ketgandan beri o‘z shahridan ham 5-10 ziyoli yoshlar yetushgan edilar. Muhammadiyorni onlar kutub oldilar. Arobag‘a o‘lturg‘uzub eski shaharga to‘g‘ri yura boshladilar. Shaharning ruslar turadirgan qisminda ajib darajada o‘zgarishlar: yangi-yangi no‘mirlar, bog‘lar, bog‘chalar, magazinlar, tiatrular, maktablar, «Metro‘po‘l», «Rosi», «Rusiya», «Maskva» no‘mirlari, yo‘llar tosh, ko‘chalar keng, elektrik fonarlar Isveycharaga o‘xshar edi!.. Faqat shaharning musulmonlar turadurgan qismi avval qanday bo‘lsa, yana shunday erdi! Yana xafalik. Muhammadiyor o‘z havlisining oldiga kelub tushdi. Hovlisining imoratlarini Ovrupo usulida solingan ko‘rdi. Ul imoratlarni soluvchi u 125 so‘mg‘a 4 oyg‘a Muhammadiyordan ijaraga oluvchi rus ekan. Kirub Muhammadiyor rusga o‘zin tanitdi. Rus Muhammadiyorg‘a qarab: — Sizdan men muni ijaraga 4 oyg‘a oldim. Olti oy o‘tdi — hech kim chiqmadi, bir yil o‘tdi — hech kim chiqmadi. Uchinchi yilda men ushbu imoratni soldim. 5-10 ming so‘m ketdi. Faqat bundan uch yil avval sarf qilgan pulimni imoratingizdan chiqarub oldim. Uch yildan berli uch ming so‘mdan 9 ming so‘m foyda qildum. Joyingizni tezlik ila bo‘shatub beraman, ham qo‘lingizg‘a 5 ming so‘m pul beraman, qolganini afu etasiz, — dedi. Muhammadiyor: — Agarda joyingiz bo‘lmasa o‘turub turung. Menga yolg‘uz shul joydan ikki adad xona bersangiz bo‘lur, — desa ham, rus: — Menim boshqa yaxshi katta joyim bor, shunga ko‘chaman. Men sizga 9 ming so‘m qilgan foydamni bersam ham bo‘lur edi, ammo 4 ming so‘m orada ba’zi islohlariga ketdi, — dedi. Muhammadiyor suyuna-suyuna rizo bo‘ldi. Ertasi kuni rus hovlisini bo‘shatub, 5 ming so‘m berub ketdi. Muhammadiyor keng joyda rohat-rohat tura boshladi. Ostidagi magazinlarni yana ijaraga qo‘yub, hukumatning ruxsati ila yuqori xonada bir xususiy shifoxona ochdi. Boylardan olub, hech narsasi yo‘q faqirlarni pulsiz davolay boshladi. Har kuni 40-50 so‘m do‘qturlikdan husuli bor edi. Qishloqning bir yeridan ikki tanob keladirgan bir bog‘cha olgan edi. Muhammadiyorning g‘ayrati ham xudo bergan baxti ila neft (yoqiladirgan yog‘) koni chiqdi. Hozir Muhammadiyorg‘a milio‘nlar ila ish ko‘rurga to‘g‘ri kelur edi. Bir tarafdan o‘z ishlarini yo‘lg‘a qo‘yub, ikkinchi tarafdan yonig‘a 5 — 10 miqdori ziyolilardan olub ruxsatli «Jamiyati xayriya» ochdi. «Jamiyati xayriya»ga o‘zi ko‘b oqcha berdi. Shaharda bir musulmon qirotxonasi ochildi. Uchinchi yili Muhammadiyor haftalik «Vatan» ismli bir rasmli jurnal ila «Xabar» ismli kundalik bir gazita nashr etarga boshladi. Muhammadiyor bir hunar maktabi ocharg‘a tashabbuslar qilsa ham, ko‘b monelar chiqub oni o‘rnig‘a yozlik muallimlar qursi ochilub, yoz vaqtida muallimlarga har xil ta’lim yo‘llari, tarbiya usullari haqinda o‘qutmoqlar va leksiyalar boshlandi. Shundog‘ qilub kichkina bir shaharda maorifxonalari ko‘paymoqda va boshqa shaharlarga o‘rnak bo‘lmakda edi. Butun turk-totor jaridalarinda Muhammadiyorni ismi «do‘qtur xodimi millat Muhammadiyor» atalmakda edi... Egasiz pattalar Ro‘yxat vaqtida yeri ko‘p boylar tarafidan katta xiyonatlar bo‘lg‘an. Ular o‘z yerlarini boshqalarning otlarig‘a yozdirg‘anlar. Ro‘yxatchilar ham surushturmasdan yozaberganlar. Gʻallani undirar vaqtda haligi odamlarning yo o‘z ismi yo otasining ismi to‘g‘ri kelmagan va hatto bu tugul o‘zi yo‘q odamlarning ham nomlarig‘a soliq pattasi kelib chiqqan. Mundoq egasiz pattalar bo‘lus ijroqo‘mlarida ko‘bdur. So‘ng vaqtda mana bu mayda pul qahatlig‘i soliq yig‘ish ishini yana oqsatdi. Mahalliy moliya shoʻbasi u xususda tegishlik joylarg‘a murojaat qilg‘an, buni o‘zi aytib turubdur. Mayda pul qahatlig‘i hali ham bartaraf qiling‘ani yo‘q. Qishloq odamlari emas, shahar odamlari ham bu to‘g‘rida ko‘b qiyinliq ko‘rmakdalar. Elektrik istansasi Bu choqqacha muzofot iqtisod sho‘rosi qaramog‘ida bo‘lg‘an shahar Elektrik istansasi, yaqinda mahalliy ijroqo‘m qo‘lig‘a o‘tdi. Istansaning ortiq-kamini to‘ldurub, ishlarini yaxshi yo‘lg‘a qo‘yish uchun ijroqo‘m tomonidan keraklik choralari ko‘rulmakdadur. Elektriklashtirish O‘shda suv kuchi bilan ishlay turg‘an bir elektirik istansiyasi bor. 500 ot quvatini beraturg‘an bu istansiya mundan 10 yillar ilgari sir harakat bir shirkat tarafidan soldirilg‘an edi. Suvni – O‘sh soyidan oladur va bu kunda ham O‘sh shahrini elektrik yorug‘i bilan yorutub turadur. Hozir shu istansiyani qishloq xo‘jalig‘i bankasiga uzog‘roq muddat bilan ijaraga berish xususida O‘sh ijroqo‘mi bilan banka vakili orasida gaplashish bo‘layotibdur. Banka 30 yilga deb so‘rag‘an, ijroqo‘m ozroq bo‘lsun deydur. Ijroqo‘mning qo‘yg‘anining katta sharti shu istansiyani a’zamli darajasida kengaytmakdur. O‘shdan 12 chaqirim narida bir tangi (ushyelye) bor. Agarda istansiyani shu yerda ko‘churub qurg‘anda 35 000 ot quvatini beraturg‘an bir moshinadan foydalanmoq mumkundur. U holda birgina O‘sh uyezini emas, Farg‘onaning boshqa shaharlarini ham elektiriklashdirmak mumkin bo‘ladur. O‘sh ijroqo‘mining qo‘yg‘an shartlaridan biri ham shuldir. Gaplashish tugab, bir qarorg‘a kelsalar, u holda bu ish to‘g‘risida mufassal ma’lumot olg‘umdur. Endi yanglishmayliq (Okrug ijroqo‘mi e’tiborig‘a) Samarqand poytaxt bo‘lg‘anidan beri dev odimlari bilan o‘smakda. Ayniqsa, bino solish ishlari juda qizg‘in ketayotibdir. Shaharga sharq tarzi me’moriysida chiroyli-chiroyli bir necha bino tushdi. Yana bir nechasi tushib turibdir. Yangi binolardan biri – eski shahardagi kino binosidir. Uning joyi chinakam muosir bir kino binosi bo‘ldi. Eski shahar xalqining bir necha yilgi kino ehtiyojini u bino qoplay oladi. Albatta, u bino eski ta’birimizcha, 16 chaqa bilan bitkan binolardan emasdir. Unga bir necha ming so‘m sarf qilindi, qancha mehnat to‘kildi, lekin binoni qilg‘an va ko‘brak qildirg‘anlar bir narsani unutdilar. U esa, u binoni ham kino, ham teatrga yaratmoq mas’alasi edi. Bizning mamlakatlarda yoz fasli juda uzun bo‘lg‘uchi edi; kuz bilan bahorning ancha vaqtlari xalqqa ochiq havoda tafarruj qilmoq imkonini berar edi. Muni shu mamlakatda bir oz yashag‘an har kim bilsa kerak edi, shu yerda tug‘ilg‘anlarni qo‘yabering endi! Yolg‘iz, nima bo‘libdirki, shu jihatni bino soldirg‘uvchilar anglamabdirlar. Xalqning kinoga bo‘lg‘an ehtiyoji ularning ko‘zlariga filday bo‘lib ko‘rinibdir-da, teatrga bo‘lg‘an ehtiyoji qilday ham ko‘rinmaydir. Yo‘qsa, u joyni yoz fasllari uchun eski shaharda birdan-bir kino va ham teatr joyi qilg‘an bo‘lar edilar. Muning uchun dunyoni puli ham ketmas edi. Bir ming – yarim ming ortiqroq sarf qilinsa, sahnasi kengayar, shu bilan eski shahar san’atning boshqa bir bo‘lagida ham qozong‘an bo‘lar edi. Endi, eski shahar xalqining teatrga bo‘lg‘an ehtiyoji aniq bilingan vaqtda, yo yangi yozliq teatr binosi solishg‘a to‘g‘ri keladi, yoki haligi “kino – tovuq katagi”ni buzub kengaytirishga majbur bo‘linadi. O‘tkan yil agar yanglishmasam, may oylarida shu bino solina boshlang‘an edi. O‘sha vaqtlarda eski shaharda kino “bilaman”i bo‘lib yurgan bir bola (kino jarchisi) eski shaharda soling‘usi yangi binolar to‘g‘risida o‘rtoq Ma’ruf Rasuliy bilan so‘zlashmak uchun siyosiy maorif markaz idorasig‘a bir-ikki daf’a kelgan edi. O‘shanda kino binosidag‘i sahnaning bir oz kengaytirilib solinishi lozimlig‘ini men qaytib-qaytib aytdim. U bola o‘zini shu ishlarga juda usta deb tushunganidanmi bilmadim, bir necha og‘iz o‘rischa so‘z aralashdirib… gapni boshqa yoqlarg‘a burdi va natijada shuncha pul sarf qiling‘ani holda quruq kino binosig‘a ega bo‘lib qolindi, kulli bir foyda qo‘ldan chiqdi… Endi, yaqinda Samarqandga 1000 kishilik teatr binosi solmoq uchun muhandislar orasida plon musobaqasi e’lon qilindi. Albatta, butun ittifoq doirasida bo‘lg‘an bu ishga teatr muhandislari ham aralashar, teatrning o‘ziga muvofiq plan tayyorlanar. Shunday bo‘lsa ham kelgusida bo‘lmog‘i ehtimol yanglishlardan saqlanmoq uchun, okrug ijroqo‘mi va boshqa aloqador idoralarning ishlariga mana bu narsani hozirdan tushirib o‘tmakchi bo‘laman: Bizning O‘zbekistonda zotan durust bir teatr binosi yo‘q edi. Toshkentning dongli “Kolizey”si ot o‘yun uchun soling‘an, u teatrga yaramaydi. Inqilobdan so‘ng eski Buxoro bilan eski Toshkentga bittadan ikkita yaxshi bino tushdi: ular chinakam teatrga atab soling‘anlar, lekin u ikki bino ham teatr muhandislari maslahatidan tashqari soling‘ani uchun buzuq soling‘anlar. Toshkentdagining sahnasini juda yaramas qilg‘anlar, Buxorodag‘ining tag‘in katta kamchiliklari bor. Holbuki, teatr binosining eng muhim joyi sahnadir; zolni yaxshilab, keng qilib, “ming kishilik” deb hovliqqanimiz bilan sahnamiz yaramas bo‘lsa, tor bo‘lsa, noqulay bo‘lsa, u bino teatr binosi bo‘lolmaydir. Musobaqaning plonlari kelganda shu jihatni esda tutib, chinakam har tomoni mukammal bir teatr binosi soldirishg‘a harakat qilmoq kerak. Bu uchun teatr muallimlari va teatr ahllarining bino solish ishlariga yaqindan aralashmoqlari lozim. Shuni Samarqand okrug ijroqo‘mig‘a eslatib o‘taman. Eng muhim bir vazifamiz “Zarafshon” rafiqimizda o‘rtoq Ismoilzoda “Unutilg‘an bir vazifa” sarlavhasi bilan bir bosh maqola yozib, xotun-qizlarimiz borasida maorif tarqatish masalasidan jiddiy suratda bahs etadir. Bizda maktab, o‘qush o‘qutish va bilimlik bo‘lush masalasi juda jiddiy harakatlar bilan yo‘lg‘a qo‘yula boshlag‘an choqda, shu bilimdan xalqning erkak-xotunini bab barobar foydalantirish haqiqatan muhim va muhimligi unutilg‘an bir masaladir. Durust, o‘rtoq Ismoilzoda aytganidek, “Keyingi vaqtlarda gazeta betlarida maktab va maorifga doir bir ko‘b so‘zlar va ishlar yozilib o‘tdi. Buning natijasida bir ko‘b ishlar ham qilindikim,bunga bir chin ko‘nglimizdan tashakkur va taxsin etishdan boshqa bir narsa ayta olmaymiz”. Faqat, bu harakatlarning natijasida ishlangan ishlar bir tomonliq bo‘lub qoldi. Ya’ni: “Bu qiling‘an harakat va faoliyat faqatgina ijtimoiyatimizning bir sinfi bo‘lg‘an erlar sinfi uchungina maxsus bo‘lub qoldi. Ijtimoiyatning eng nozik bir yeri va balki asos bo‘lg‘an xotun qizlarning ahvoli hech bir e’tiborg‘a olinmadi”. Bu to‘g‘ri. “Turkiston”»da Toshkentdagi maktab imtihonlari to‘g‘risida bir kichkina maqola yozilib, imtihonlar natijasida qiz maktablarimizning g‘ayri oddiy (ne normalno) davom etkanliklari aytilib o‘tkan edi. Son jihatidan ham zotan juda oz bo‘lg‘an qiz maktablarimizning yana buning ustiga g‘ayri oddiy davom etishlari umumiy maorifimiz uchun katta kamchilikdir. Buning oldini to‘qtovsiz olmoq darkor. Bu to‘g‘rida markazdan ko‘ra mahallalar ko‘prak yomon holda bo‘lunalar. Ismoilzoda o‘rtog‘imizning gapiga qarag‘anda “Samarqanddek” viloyat shaharida birgina bo‘lsa ham muntazam qizlar maktabi yo‘q. Ilgarida ko‘zga ko‘rinarlik bo‘lub kelgan Bibixonim maktabi hozirda so‘ng kunlarini o‘tkazadur. Bu maktabda 20 nchi yilda 50 dan ortiq qiz bolalar o‘qug‘ani holda,endi yuksalishdan pastlashga yuz tutub, o‘quvchilari 7-8 ta qolg‘an. Bu hol – bir Samarqandda emas, har yerda shundaydir. Bu haqda o‘ylamoq, tushunmak va quruq tushunmak bilangina qolmasdan jiddiy va amaliy chora ko‘rmak yana siz va bizning vazifamiz. Epizodik ro‘llar ustasi Yong‘oq singari chanog‘idan bo‘rtib chiqib turgan ko‘zini menga tikib yonimda o‘lturadi. Juda kam kuladi bu yigit. O‘ltirgan joyida bir tizzasini balandrak ko‘taradi-da, uni ikki qo‘li orasig‘a olib, ikki qo‘lining barmoqlarini biri-biriga kirgizish bilan tizzasini bir nav’ kishan orasiga oladi. Sahnada ko‘p yillik xizmati bor emasmi? Omonsiz «grim» o‘z ishini qilg‘an: yuzida yuqoridan quyig‘a tomon zo‘r-zo‘r uzun-kalta ajinlar… Yuzining o‘zi ham grimga qobil: keng, tekis, uchlik va keng burni Qafqasiya odamlarinikiga o‘xshaydi. O‘ziga juda kelishib tushgan… Tiyotr ishlaridan va o‘z ro‘llaridan to‘xtab-to‘xtab menga gapiradi va gapirganda o‘ng qo‘lining bosh barmog‘ini qur-qur ko‘tarib qo‘yadi. Sirk san’atkorlarining suyaksiz gavdasi kabi juda egiluvchi barmoqlari bor. Mayin ipakday gapiradi. Yengil xirgoyilarini aytmaysizmi. Ayniqsa, Qafqasiya xalqlarining kuylari tamoman deyarlik aksentsiz chiqadi. Suhbatbobligi ma’lum. Men uning ro‘l tanlab rejisso‘rlardan xafa bo‘lganini eslayolmayman. Bu yigit «katta-kichik ro‘l yo‘q, yaxshi-yomon akto‘r bor» degan hikmatli gapni yaxshi bilaturg‘ang‘a o‘xshaydi. Rejisso‘rlar ham sahnada uning kim ekanini yaxshi biladilar, uning sahnaviy «maska»si ravshan. Shu uchun ro‘llar, aksari, o‘ziga bob chiqadi. Agar bob bo‘lmaganda ham, u o‘zi ishlab boblaydi. «Mushtumzo‘r» piyesasida juda epizodik bir ro‘l berdilar, yozuvchi u ro‘lni mensimagan, ya’ni unga hech narsa bermagan. Nihoyati bir qishloq muallimi yoniga kirib bir ariza yozdiradi, tamom. So‘z juda kam. G‘ulom Isomov ro‘lni ishlaydi, usta bir san’atkor kabi unga eng yaxshi bo‘yoqlarni beradi. Bir-ikki cho‘tka urish bilan bir qishloq choli yaratiladiki, u ko‘rganning esidan sira chiqmaydi. Chol juda qarig‘anidan miyasi aynib, aljirab qolg‘an. Uning shu xususiyatini Isomov taqlid qilib bo‘lmaslik darajada to‘la go‘zal va to‘g‘ri beradi. Past rutbali Buxoro amaldorlaridan oqsoqol tipini bizning sahnamiz to‘la ma’nosi bilan Isomov orqali ko‘rgan bo‘lsa kerak. («Arslon» piyesasida.) Isomovning u oqsoqolini inqilobdan burung‘i hamma oqsoqollarning tipik bir namoyondasi qilib olganimizda ham yutqizmaymiz. Haqiqatda biz «Arslon»da to‘la bir oqsoqol tipini ko‘ramiz. «Na’rangni tort, Xitoy»da qayiqchi cholni o‘ynaydi. Men u asarni ustoz Meyerxo‘ld tiyotrida ham ko‘rganman. Shuncha ko‘b massali ko‘rinishlarda Isomovning qayiqchisi o‘zini ajratib ko‘rsata oladi. Xullas, sahnamizda epizodik va xarakter ro‘llar yetarlik darajada ko‘p, G‘ulom Isomov shu uchun mijoziga bob kelgan ro‘llarga boy (usta Marayim – «Rustam»da; Marayim tajang – «Yondiramiz»da; Markiz de Furlen Popoli – «Musofirxona bekasi»da; Pochta boshlig‘i – «Tergovchi»da; Kozimbek – «Tarix»da, Mister Gavker – «Shodlik ko‘chasi»da). Yaxshi tiyotrlar yolg‘iz «katta» ro‘llarda o‘ynovchi akto‘rlar bilangina yashamaydi, ayniqsa, bizning buyuk elimizda!.. G‘arbda san’atkor taqdir etilmak uchun mutlaqo «yulduz» bo‘lishi kerak yo go‘zal xotin… Bizda esa har kimning quvvati va qudrati, iste’dod va hunariga yarasha joy va hurmat ta’min etilgan. U hurmatga sazovorlar orasida Isomov va uning qatoridag‘i san’atkorlar ham yaxshi va qiziqarli o‘run olganlar. Epizodik deb atalgan ro‘llarda sahnaga bir nafas chiqib ko‘rinib, yana qaytish bilan butun piyesaga jon berib yuboradurg‘an ustalarni biz taqdim etamiz. Ergashish (Kichkina hangoma) Zamonamizni “o‘zgarish zamoni” deganlar to‘g‘ri aytalar. Asrimizni “aql va ziyraklik asri” deganlar adashalar. Kunlarimizni “taqlid va ergashish kunlari” deganlar, lokin juda to‘g‘ri aytalar. Bilasizmi, poytaxtimizda butun jumhuriyat uchun chiqaturg‘an birgina gazeta bordurkim, ism shariflari “Axbor”! Ul gazetaning boshida chiroyliq bir …. ichida “haftada ikki martaba chiqar” deb yozilsa-da, zo‘r berib, “ha-ha”lab, sur-sur bilan, qiyqirib. Qiyin-qistov qilsangiz haftada bir marta chiqa olur. Har kuni chiqib, devorlarda baqiraturg‘an “jarchi” bor edi. Ul ham xudoning rahmatiga “qovushdi” Nima uchun “jarchi” yosh turub xudoning rahmatiga qovushdi-da “haftada ikki martaba” chiqishg‘a tegishli bo‘lg‘an “Axbor” haftada bir ham chiqa olmaydur?-deb so‘rab ko‘rung qani, nima javob olursiz ekan! Matbaa moshinasi gumbirab, kichkina “Amerika” qo‘l moshinalari tarillab, murayotib qo‘llari yugurub yurub javob berarki: “Afandim, azizim, jonim, gazeta chiqarmoq uchun bizning vaqtimiz yo‘q. Biz – “ish varaqasi” – slujebnaya zapiska ishlash bilan mashg‘ulmiz!” Siz unlarning bu javoblariga ishonmazsiz. Lokin biz juda katta ixlos va e’tiqod bilan ishonamiz, negakim, biz o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rub turamizki, xudog‘a shukur shahrimizda “mas’ul” bo‘lmag‘an bir ishchi qolmadi va “ish varaqasi” bosdirmag‘an bir shoʻba mudiri ham yo‘qdur. Kamina, bir kun bizning faytun haydovchi kucherimiz kelib deydirki, “menim uchun ish varaqasi buyuring” jonim chiqdi, dedimki, “kucherga ham ish varaqasimi?” Kucherning achchig‘i keldi, indamasdan qobog‘ini burub turub oldimg‘a bir qog‘oz tashladi, o‘qudim, ko‘rdim, mana uning nusxasi Ish varaqasi Slujebnaya zapiska Shoʻbasining mas’ul ot boqari Otvetstvenniy Konyux ——————– otdela Qizardim, uyaldim, indayolmadim. Ertasi kuni “mas’ul ot” va “mas’ul qashlag‘uch”g‘a ham “ish varaqasi” chiqsa yana indayolmayman. Nima deyay: Zamonamiz “o‘zgarish zamoni”… Kunlarimiz “taqlid va ergashish” kunlari… Eski kitoblar savdosini qo‘lga olaylik Eski kitoblarning ahamiyatini so‘ylab o‘ltirishga hojat yo‘q. Umuman, hamma madaniy meroslar ichida eng katta o‘rin tutkan kitoblar ekani barchaga belgilik. Jumhuriyatimizning turli burchaklarida, har kimlarning qo‘lida bekinib, ortiqcha matax bo‘lib yotgan qimmatli asarlar juda ko‘p. Bular egasini topolmay chang-tuproq orasida ko‘milib yotadi. Holbuki, kundan-kunga soni o‘sib turgan ilmiy xodimlarimiz uchun ular juda kerak. Undan tashqari, saviyasi o‘sib, madaniy darajasi ko‘tarilib turgan omma ham yangi va eski kitoblarga talabgor. Ittifoqning boshqa qismlarida eski kitoblar savdosi davlat muassasalari qo‘liga olingan. Bular qimmatli asarlar tushganda darhol ilmiy tashkilotlar, kutubxonalar va muzeylarga topshiriladilar. Shu bilan birga ommaviy talabgorni ham qondirib turadilar. Chunonchi Moskvada nuqul eski kitoblar olib sotilaturgan o‘nlarcha davlat magazinlari bor. Bizda ham eski kitoblar boyligining zo‘r ekaniga qaramay, butun O‘zbekistonda loaqal bir kioska ham yo‘q. Shuning uchun bu ish allaqanday savodsiz odamlar, to‘g‘risi chayqovchilar qo‘lida qolib kelmoqda. Bizning fikrimizcha, O‘znashr bu ishga ayrim ahamiyat berib “bukinist” do‘konlar ochmog‘i yoki o‘z katta magazinlarida ayrim burchaklar tashkil qilmog‘i kerak. Ehtimol ba’zi o‘rtoqlar: “O‘znashr yangi kitoblar savdosini qanchalik yo‘lga qo‘yib ediki, endi eski kitoblar bilan mashg‘ul bo‘lsin?” deb aytarlar. Hech bo‘lmaganda, O‘znashr tajriba uchun Toshkentning o‘zida bunday bir magazin ochishi mumkin. Buning ustiga yana, albatta, bu masala ahamiyatli bo‘lgani uchun, Maorif komissarligi ham ko‘maklashmay qolmasa kerak. Ayrim kutubxonalar bu ishga qiziqqanlari uchun ular ham aralashib turarlar. Demak, jamoat kontrolligi va yordami har jihatdan ta’min etilajaqdir. Bunday bir magazin ochilganda qadimgi bosma va yozma asarlarni tanish, ularni kerakli kishilar va muassasalar qo‘liga to‘plash mumkin bo‘lganidek, so‘nggi vaqtlarda chiqib tarqatilib ketgan va qaytadan bosilmagan kitoblarni ayriboshlab turish uchun ham imkoniyat hosil bo‘ladi. Binobarin, Maorif komissarligi va “O‘znashr”dan bu ishga e’tibor qilib, “sahhoflik” (bukinist) magazinlar ochish to‘g‘risida chora ko‘rmaklarini so‘rayman. Eski maqsadqa qaytayliq “Yosh buxoroliq” degan maslak quyidag‘i shu uch narsa bilan maydong‘a chiqg‘andir: maktab, kitob, matbuot. Yosh buxoroliklar ham eng oldin bosh ko‘tarib chiqg‘onlarida, yurt va el uchun kurash maydonig‘a otilg‘onlarida shu 3 narsani yuksak tovush bilan qichqirg‘onlardir: “maktab, kitob, matbuot!” Buni yosh jumhuriyatimizning nozirlar sho‘rosi raisi va “Yosh buxoroliklar”ning pirlaridan biri bo‘lg‘on o‘rtoq Fayzulloxo‘ja, Buxoro inqilobining bir yilliq bayramida chiqg‘on “Axbor”dag‘i “Xotirimdadir” maqolasida yozib to‘xtalib o‘tdi. Ko‘b yaxshi. Buning ustiga bizdan dog‘i 5 modda narsa ortdirayliq: Maskavda 20 sentyabrda ulug‘ sovko‘m (“kamissarlarsho‘rosi”)ning otoqli bir piroletarchi majlis bo‘lg‘on. Mazkur majlisda Rusiyada bosilaturg‘on oqchalarning 8 foizini (bir xabarda 80 foiz) maorif kamissarligiga berish to‘g‘risidagi mas’alani qaramoq uchun ayrim bir hay’at tuzilgan. Ozarboyjon jumhuriyatining komissarlar sho‘rosiraisi va Rusiya turklarining eski jamoat xodimlaridano‘rtoq Narimonov Ozarbayjon jumhuriyatining maorif xizmatchilari qurultoyida bir nutq so‘zlab, ul nutqning bir yerida deydir: “Agar menga falon yerda, shurolar olami (oparati) ko‘b yaxshi qo‘yulg‘on, lokin maorif ishlari oqsaydir”, – desalar, men: “ – demak, u yerda sho‘rolar olami yaxshi qo‘yulmog‘on ekan”, – deyman. Dog‘iston jumhuriyatida maorif ishlari “ortiqdarajada zarbali” deb e’lon qilg‘on. Buxoro xalq qurultoyi maorif ishlarini“zarbali” (udarniy) deb tanidi. Jumhuriyatimizning maorif nazorati 8 yosh bilan yosh orasidag‘ilarg‘a “majburiy o‘qush” e’lon qilib, birkog‘az chiqardi. Shularning hammasining ustiga bizning ayta turg‘onimiz ko‘b qisqa: Rusiya Sho‘rolar hukumati eng qiyin bir ahvol ichida maorifga yopishadir. Ozarbayjon jumhuriyatida bu haqiqatni burun ham bilar edi, tag‘in qaytarib, mahkamlab aytarlar. Dog‘iston jumhuriyati bu qarorni yuzaga chiqarish yo‘lida qat’iy choralarga endi kirishgandir. Buxoro xalq qurultoyi kechagina o‘tdi – “majburiy o‘qish” to‘g‘risidag‘i e’lon yaqinda butun jumhuriyatta tarqatilur. Maktab uchun: muallim, kitob kerak. Kitob uchun yozg‘uvchi, bosdirg‘uvchi kerak. Matbuot uchun kishi kuch, kog‘az, matbaa… yana bir muncha narsalar kerak. Shu keraklar orasida, shu keraklar qo‘shuni o‘rtasida qolib turub eshitamizki: “Buxoroda maktab binolarini muassasa xizmatchilariga xona joy uchun berib turalar. Maorif nazoratig‘a bolalar bayroq ko‘tarib kelib maktab joyi talab qilalar. Nazoratda ba’zan to‘palang…” emish. Munga ham bir narsa demaymiz, bizning so‘nggi so‘zimiz birdir: Hammamiz eski maqsadg‘a qaytaylik!… E’lon Bu choqqacha moddiy va ma’naviy jihatdan hukumat nashriyotig‘a bog‘lanib kelgan “Axbor” gazetasi 41-sonidan boshlab ma’naviy jihatdan o‘z boshicha mustaqil olib bormoqdadur. Shuning uchun gazetaning ma’naviy tomonig‘a tegishli ishlar (maqola, xabar, xat va boshqalar) to‘g‘ridan – to‘g‘ri gazeta idorasiga yuborilsin. E’tiroz O‘ZBEKISTON IJTIMOIY ShO‘ROLAR JUMHURIYaTINING IKKINChI QURULTOYI MUHTARAM RAYoSAT HAY’ATIGA ChO‘LPON (ABDULHAMID SULAYMON) TOMONIDAN E’TIROZ Muhtaram qurultoyning ishlariga ma’zur vajhlar bilan bo‘lib, yaqindan aralasha olmaganim uchun taassuf qilaman va siz muhtaram hay’atdan o‘tinamankim, mening quyidagi arizamni muhtaram qurultoyga yetkazsangiz ekan. Ulug‘ Oktyabrning avvallaridan beri ishchi-dehqonlarning inqilobiy hukumatlari tomonida bo‘lib maorif va madaniyat sohalarida qo‘limdan kelgan qadar samimiyat bilan ishlab kelganim ma’lumdir. Vatandoshlar urushining eng qizg‘in davrlarida, shonli qizil askarning «Perekop» muzaffariyati damlarida kommunistlar firqasi tomonidan ishlatilgan bir gazetaning (o‘sha vaqtning eng so‘l gazetasi) — «Rosta»ning boshida turib, qo‘ldan kelgan qadar inqilobga va uning yengishiga xizmat qilganman. Bu Toshkentning xamma sho‘ro va firqa ishchilarnga ma’lumdir. Undan so‘ng boshqa gazeta, jurnallar va nihoyat teatr ishlarida ham, shu ishlarning rahbari bo‘lgan siyosiy idoralar nazoratida, o‘shalarning ko‘rsatgan yo‘llari bilan pshlab kelganman. Bular ham har qaysisi o‘z kishilariga ma’lum. So‘nggi ikki-uch yil orasida shoirlik va yoshlik mayllari bilan ba’zi bir xatolarim bo‘ldi. Chunonchi, millatchilik va vatanparastlik ruhida she’rlar va narsalar yozib, ba’zi joyda shu yo‘lda so‘zlaganlarim ham bo‘ldi. So‘ng vaqtda, ayniqsa, Moskvada o‘qigan vaqtlarimning so‘ngida o‘z xatolarimga o‘zim ham tushundim. U yozgan narsalarim va so‘zlagan so‘zlarim, kambag‘al va yo‘qsullar dushmanlarining foydasiga xizmat qilganini bildim. Bashariyatning umumiy saodati, ezganlar va boylarga qarshi ezilganlar va yo‘qsullarning kurashida ekanini angladim. Dunyoda asosan ikki qarama-qarshi jabhaga bo‘lingan boylar bilan kambag‘allarning kurashida haq va haqiqatning kambag‘al va yo‘qsullar tomonida ekaniga qanoat qildim. Mundan so‘nggi ishimda shu qanoat va ishonchimni asos qilib tutmakka qaror berdim. Mundan so‘ng shu yo‘ldagi azmimni ish bilan ko‘rsatib, ish orqasida haligi xatolarni ishchi-dehqonniig ko‘nglidan ketkazishga harakat qilaman. Mundan so‘ng o‘z faoliyatim uchun o‘zim sevgan teatr sohasini olib, unda yaqinda (shu yil) RKP(b) Markaziy Komiteti tashviqot-targ‘ibot sho‘basi yonida bo‘lgan teatr maslahat majlisining qarori asosida, o‘shani dastur qilib ish qilishimni arz qilaman. Farg‘onada CHIT ZAVODI Turkiston jumhuriyatining kamissarlar sho‘rosi tomonidan Farg‘onaga bir kamissiya yuborilib, muhandis va olimlardan birikgan ul kamissiyaga; markazdan burung‘i “Shefskiy” chet fabrikasini ko‘churub o‘runlashtirmoq uchun muvofiq bir joy topish vazifasi topshirilgan edi. Ul kamissiya Farg‘onaning birmuncha yerlarini karag‘andan keyin, nihoyat, Marg‘ilon uyezi Uchqo‘rg‘on tepasi Ispayram soyining bo‘yini ma’qul ko‘rgan. Fabrika suv bilan yurgizilib, 2200 tanob yerni egallasa kerakdir. Ishlayturg‘an ishchilarning soni 5-6 ming bo‘lg‘usidir. Fabrikani Sim shahariga (Iskobilifga) qilmoq ehtimoli ham bor. U vaqtda burun to‘ralar shahari bo‘lg‘an Sim bir tubjoy xalq ishchilari shahari bo‘lub qoladir. Imorat bino suv va havo vajhidan bu yer muvofiqroq deb topilgan. Ul vaqtda elektrik kuchi (o‘ti) 35 chaqirim yiroqlikda bo‘lgan haligi Ispayram soydan keltirilsa kerakdir. MARKAZ OCHLIK KAMISSIYASINING YORDAMLARI Markaz ochliq kamissiyasi nomidan markaz kamissiyaning raisi o‘rtoq Mirza Homid Xo‘jayev quyidagi muassasalarga shu yordamlarni bergan: Farg‘ona muzofot ochliq kamissiyasiga 95 ming so‘m pul, 1000 olchin gazmol, 300 ta bolalar boshi, Xo‘qanddagi “Mirza Homid Xo‘jayev” nomiga ochilgan 3 inchi internatga 20 ming so‘m, Uchqo‘rg‘on internatiga 10 ming so‘m, Haqqulobod internatiga 10 ming so‘m. Faryod Maorif va madaniyat sho‘rosi raisi va ishchilar fakultasi dekani birodar Sodiq Abdusattorof va jumhuriyat maorif qo‘missari birodar Muhammad Amin Afandizodalarga. Faryod!.. “Faryod azin nav’i vujudi adam oluda.” Oldimda “Ishtirokiyun”ning keyingi soni va unda ishchilar fakultasining turk qismi hay’ati ta’limiyya a’zolarining ism va unvonlari… Ko‘z oldimda yarqirab yonub turgan o‘lka tatar dorulmuallimini… Qarshimda yana o‘zining ruhligi bilan ko‘rulub turgan qirg‘iz dorulmuallimini… Yana ro‘baro‘mda sovuq, ruhsiz askariy musiqaning “bub-puf”indan boshqa narsa eshitilmagan ma’yus, tushkun o‘lka turk dorulmuallimini.. O‘ngimda bir xato, tuzatishi qiyin bir xato. To‘g‘risi, zo‘r bir xiyonat.. Kelajakda – oxiri yo‘q qorong‘iliq… Mana shunday bir holda, mana shu xil nozik bir mas’ala ustida fikr aytmoq, qalam yurgizmoq kerak. Lokin, bu og‘ir, g‘oyat darajada og‘ir… Shunday bo‘lsa-da, bir o‘zbak bolasi, bir o‘zbak yigiti bo‘lganligim uchun o‘zimning ovozimni, o‘zimning yuragimdagi qaynab turgan qayg‘u dengizining to‘lqunlarini to‘kishga, bu ishga va bu hayot-mamot mas’alasiga sovuqlik, quramaslik bilan qaraganlarning yuzlariga urmoqqa, chachmakka majburman. Muning uchun meni afv etarlar. Sho‘rolar hukumati, qizil idora Turkistonga o‘runlashgandan keyin, yillardan beri yuraklarda yoqilub kelgan bir amal, bir xayol vujudga chiqqan, Turkistonda bir turk dorulmuallimini ochilgan edi. Turkistondagi o‘troq va ko‘chma millatlarning butun kelajaklari, butun borliq va yo‘qliqlari shu dorulmualliminga va undan yetishadurgan qahramonlarning qo‘liga topshirilg‘an edi. Keyin nima bo‘ldi, bilmadim, ko‘chma xalq (qirg‘iz qardoshlarimiz) o‘zlariga ayrim dorulmuallimin ochdilar-da chiqdilar. Bu juda tabiiy, juda to‘g‘ri bir harakat edi. Til va urf-odat to‘g‘risidan xiyla o‘zgaligi bo‘lg‘an bu ikki qavmning bir maktabda bir xilda o‘qishi mumkin emas edi. Ayrim-ayrim bo‘ldilar-da, har bir o‘z kunlarini o‘zlari ko‘rdilar. Demak, ish o‘z yo‘li, o‘zining tabiiy yo‘li bilan keldi. Tatar mas’alasi-da shu xilda hal etildi: ular-da g‘oyat tabiiy o‘laroq o‘zlariga ayrim dorulmuallimin ta’sis etdilar. Qoldi o‘zbak dorulmuallimini. Agar uning eshigi oldina borsangiz zo‘r bir unvon (viviska) ko‘rarsizki: “O‘lka turk dorulmuallimini” deb yozilmish. Faqat bir savol beradurgan odam topilmadiki, nomi muboraklari turk millatidan bo‘lgan qirg‘iz va tatarlar o‘zlariga alohida dorulmualliminlar ochub, “Tatar dorulmuallimini”, “Qirg‘iz dorulmuallimini” deb ism bergandan keyin va sizning dorulmualliminda ham faqat o‘zbaklar qolgandan keyin yana nega hamon “turk dorulmuallimini” bo‘lub qoldi? – desun… Bu ham mayli, bu ham o‘tsun, mas’alaning og‘ir yeri bu yoqda: O‘tkan yoz Farg‘ona muzofot markazi Sim (Iskoblif) shahrida butun Farg‘ona uchun bir ta’lim va tarbiya qursi ochilg‘an edi. Ul kursga Farg‘onaning hamma shahar va qishloqlaridan (mumkin bo‘lgan yerlardan) o‘quvchilar kelub, 3 oy ichida g‘oyat buyuk va zo‘r shodliqlar bilan tamom bo‘lgan edi. Ul qursda ta’lim berganlar o‘lkamizda haqqi ila muallimlik nomiga loyiq bo‘lgan kishilar ediki, ular ilgari 2 yildan beri Xo‘qand dorulmuallimining hay’ati ta’limiyyasida edilar. Kurs bitarga yaqinlashqanda bir xabar keldi: “Maorif qo‘missari Sodiq Abdusattorof o‘rtoqimiz o‘lkada mukammal va nusxa bo‘lurliq bir dorulmuallimin vujudga keltirmoq Xo‘qand dorulmuallimi xay’ati ta’limiyyasini taomi ila Toshkandga chaqirg‘an… Har kim shoshdi, har kim hayron bo‘ldi. Lokin shu o‘lkada mukammal nusxa bo‘lurliq bir dorulmuallimin degan so‘z bilan yana har kim yupandi. O‘lkadan markazdan kutdi. Albatta, ul vaqtda ul muallimlarning o‘lka dorulmualliminiga kirajaklari ochiq ma’lum edi, orada hali totor dorulmuallimi mas’alasi yo‘q edi. Hay’ati ta’limiyya bir vagon bo‘lushub keldilar va o‘lka turk dorulmualliminiga kelub: “Mana biz keldik” dedilar. Lokin, baxtsiz xalqning baxtsizligina qarshi baxtsizlardan bir necha kishining xayollar to‘la ovozlari ila javob berildi: “Yo‘q, sizning kerakingiz yo‘q. Biz o‘zimiz ortub yetamiz…” Mana shul so‘z bilan fojea boshlanadur. Mana shul so‘zdan so‘ng haligi haqiqiy muallimlar yuzlarini aylantirib, boshqa yulduz istamakka ketdilar. Orada bir muncha “yarashdirish”, “kelishdirish” majlislari bo‘lmish, faqat, mumkin bo‘lmamish sabab nima? Ochiq: ul xoinlar hamon dorulmuallimin kursisidan quvalanmamishlar… Oradan ikki yil o‘tdi. Hamon bu narsa yo‘q, totor dorulmuallimini ochilub gullab yotadir. Bunda hamon hech bir narsa yo‘q… Ham bo‘lmas kabi-da… Bilmayman, o‘n yillardan beri “Dorulmuallimin” xayoli bilan mast bo‘lganlar qayerda qoldilar? Komissar bo‘ldilarda, basmi? Yumshoq ustalga o‘ltirdilar-da tamommi?.. Agar shunday bo‘lsa, ul kishilardan na xalq uchun, na mehnatkash va na boshqa uchun bir chaqalik foida yo‘qdir. Yuragida insof va vijdoni bo‘lganlar aytsunlarki, o‘lka turk dorulmualliminida, bu butun o‘zbak xalqiga maktab va maktab yo‘llari va ta’lim yo‘llari ko‘rsatadurgan bu muborak muassasada bir ta’lim-tarbiya mutaxassis, hech bo‘lmasa, ta’lim-tarbiyadan onglaydurgan bir kishi bormi? Bor, desinlar, so‘zimiz yo‘q! Faqat, agar vijdonlari bo‘lsa bor deya olmaslar, vijdonlaridan esa biz javob eshitmaymiz. Bu hol bir muncha vaqtlardan beri shu xilda davom etadir. Hech bir tadbir qilinmaz. Men, bir men shu to‘g‘ridan o‘zbak shoirlaridan yolqinli, toshqinli, xalqchi bo‘lgan o‘rtoq Aliyifga-da, Nizomiddin Xo‘jayifga-da, Afandizodaga-da aytdim. Faqat “hmm…” deb lab tishlamakdan boshqa bir narsa ko‘rolmadim. Turk dorulmualliminining (o‘lik) kabi hissiz shogirdlari menga bir necha martaba kelub shikoyat etdilar. Lokin, menim ovozim lab qidirishdan boshqaga yaramadi. Dorulmualliminning muallimlaridan ba’zi birlariga ham aytdim, yo‘q, hech narsa yo‘q… O‘zbak xalqi uchun yonish kuyish degan narsa yo‘q… Faqat, amin bo‘lsunlarki, ular xalq uchun kuymasalar, ularni xalq o‘zi kuydirajak. Kullarini osmonga sovurajaqdir. Siz agar dorulmuallimin shogirdlaridan “darslardan mamnunmisiz? desangiz Sulton Hamid vaqtidagi yosh turklardan “g‘oyat mamnun” derlar. Lokin siz ularning ichlariga, yuraklariga kirsangiz, qanday faryodlar jaranglar… qanday ohlar ko‘tarilar. Men shu o‘zbak (ya’ni “turk”) dorulmualliminiga muallim bo‘lub kirishga vaqtlari bo‘lmagan yoki boshqa sabablar bilan kira olmagan kishilarning “ishchilar fakultasi” hay’ati ta’limiyyasiga kirganlarini ko‘rdim. Yana “dorulmualliminlardan shogird olinmas” degan qarorni-da o‘qidim. Ortiq chidab bo‘lmadi, qo‘limga qalam oldim, baqirmoqchi bo‘ldim; ey xalqning yosh kuchlari bilan o‘ynashishni hunar qilganlar! O‘zbak dorulmualliminidagi talabalarning haqiqiy ta’lim-tarbiya va ilmu ma’rifatdan bahrasizliklarin bilub turub va shunga hech bir bir chora qilmay turub, nega tag‘in “ishchilar fakultasi”ning eshikini ham ular uchun yopdingiz? Sizga lozim ediki, o‘zbak dorulmualliminining ruhiga fotiha o‘qub, undagi bechoralarning hammasini “ishchilar fakultasi”ga olsangiz. Qilmaysiz ekan, ortiq demangizki, biz xalqqa xizmat etamiz. Xalq bolalari ruhsiz, xalq bolalari o‘likday yasharlar. Sizning siyosatingizda bir o‘zgarish yo‘q. Endi menim bu faryodim bir faryodki, bo‘lub qolsa birar natijasi ko‘rulmasa, tongla, xalq oldida butun mas’uliyat sizning va sizning ustingizdadir. Faryod, faryod xalq ila o‘ynashganlardan!.. Fuzuliyning pichinglari Niholi gulshani dardamki, suv yerina verir, Bana hamisha jigar qoni bog‘boni qazo. Fuzuliy o‘zi Bag‘dodda o‘tgan, janub turkchasi bilan yozgan bo‘lsa-da, o‘zbeklar orasida Navoiy bilan barobar tanilgan shoir. Bizning burungi programsiz maktablarimizning “program”larida “Chorkitob”, “Eshonso‘fi” kabi axloq kitoblaridan keyin, Navoiy devonlaridan biri bilan birga, Fuzuliy devoni bo‘lunardi. Hatto chalasavodlik otinbibilar ham hech bir doktor va resepsiz, to‘ppa-to‘g‘ri attordan olingan (balki katta onalaridan qolg‘an) ko‘z oynakni ip-bog‘ bilan quloqlarig‘a ilashtirib olib, Fuzuliyni tatalab o‘lturardilar. Janub turklarining Boqiy, Nadim, Naf’iy va Emrolarini bizning tuppa-tuzuk savodxonlarimiz, hatto adabiyotdan xabardor mullalarimiz ham bilmas edilar. Faqat Fuzuliy ularning hammasidan ayrilib, bizning savodxonlarning kitob tokchalari va raflaridan o‘ziga muhtaram bir joy olgan edi. Shu uchun, adabiyotshunoslarimiz, klassik adabiyotimizning Lutfiy, Navoiy, Atoiy, Boyqaro, Bobir, Amir, Fazliy va boshqa-boshqalarini tekshirar ekan, Fuzuliyga ham diqqat qilishlari kerak. O‘zbek klassik adabiyoti tilining shakllanishida Fuzuliyning juda yaqqol ta’siri bor (Muhammadalixon she’rlarida bu ta’sir to‘la, boshqalarda oz-ko‘p ko‘ruladi). Fuzuliy oz yozgan, lekin soz yozgan shoirlardan. Uning Istambulda bosilgan bir kulliyoti (to‘la to‘plami) borki, unga 1 – qasidalar (“qasoid”), 2 – “Bang va boda”, 3 – Nishonji poshoga yozilgan maktub, 4 – soqiynoma, 5 – g‘azallar devoni, 6 – “Layli va Majnun” kiradi. Qasidalari ko‘pgina bo‘lsa ham “Layli va Majnun” bilan g‘azallar devonidan boshqalari maqola hajmidagi kichkina asarlardir. Bulardan tashqari, haligi devonga kirmagan yana bir asari – “Hadiqatus-suado”si borkim, ma’lum Karbalo fojiasiga bag‘ishlanib yozilgan. Uning boshqa asarlari, borligidan xabarimiz yo‘q. Mashhur chig‘atoy klassik shoiri Lutfiyning bir g‘azaliga Fuzuliy tomonidan bog‘lang‘an chiroylik bir muxammas (beshlik) qo‘lyozma holida saqlang‘an ekan, ko‘rushga muvaffaq bo‘ldik. (Fuzuliyning muxammas bog‘lashdag‘i hunarini ko‘rsatish uchun o‘sha muxammas bilan yana o‘z ustozi Habibiyning bir g‘azalig‘a bog‘lag‘an muxammasini bir qadar izoh bilan “Guliston”da bermoqchimiz.) Men o‘ylaymanki, turk tilida yozgan va biz bilgan (o‘zbeklarga tanilgan) klassik shoirlar orasida Fuzuliy o‘zining samimiyligi, kuyub, ko‘nglidan olib yozishi bilan alohida o‘run tutadi. Fuzuliy g‘azallarining samimiyligi, yaqinlig‘i va otashinligini uning ijodi haqida yozganlar bir og‘izdan deyarlik tasdiq qiladilar. Lekin men uning shu yaqinlig‘i va otashinligini yanada oldinga qo‘ymoqchiman. Fuzuliydan gapirganda, uning dardu alamidan, uning changgi osmonga chiqishidan, chuqur ma’nolarga ega bo‘lgan falsafiy nolishlaridan bo‘rttiribroq gapirish lozim keladi. Mana bu to‘rt yo‘l narsasini (ruboiysini) ko‘ring: Har damki bahor qildi oroyishi bog‘, Navmidlik urdi lolavash bag‘rima dog‘, Zero tikan uzra dutdi bulbul maskan, Gul bad guzargohinda yondirdi chiroq. Idealist falsafa tarafdorlari, ayniqsa bilimdon mutasavvuflar nima desa desinlar, bu to‘rt yo‘ldagi shikoyat, o‘z davriga ko‘ra, dunyoning tekissizligidan qilingan shikoyatdir. Buni buyuk shoir shunday go‘zal ramzlar (simvol) libosiga o‘raganki, go‘zallikni o‘ziga monopoliya qilish bilan maqtanaturg‘an tasavvuf, bu chiroylik ruboiyni boshqa hech kimga, ayniqsa turmushning dag‘al ehtiyojlaridan ko‘prak gapiraturg‘an “qo‘pol” moddachilarga bermak istamaydi. Lekin o‘sha zamonning hokim mafkurasiga katta ta’sir ijro qilg‘an tasavvuf saltanati (sulton saltanati bilan babbaravar xalqni kemirgan kuch), shuningdek butun mamlakatni o‘zining qattiq changalida ushlagan sulton idorasi, shunday san’atkor bir shoirga o‘rta darajalik bir hukumat ma’muriga bergan davlatni bermaydi, yoki bergisi kelmaydi. Bechora shoirni: Davr javrinda tanu jonimda rohat qolmadi, Mehnatu g‘am chekmaga minba’d toqat qolmadi deb, davrdan achchiq shikoyat qilishg‘a majbur etadi. Unga muruvvat qilish, uning qimmatli asarlarini tegishincha taqdir qilib, u asarlarning shoiriga shunga yarasha muomala qilish bir yoqda tursin, uni hatto har tomondan yakkalatib, so‘kturadilar ham. Yo “shia” deb, yo bo‘lmasa umuman “e’tiqodi sust” deb, unga ko‘p ta’na toshlari ottiradi. Umuman shoirga bo‘lgan javrlar “ketsiz” bo‘ladi: Intihosiz javrlar o‘tlara yondirdi mani, Achchi so‘zlar totli jonimdan usondirdi mani, – deydi shoirning o‘zi. Fuzuliy davrining kattalari (Bag‘dod volisi Ayoz posho, Uvaysbek, Rustam posho, Mustafo Chalabiy, askarlar qozisi Qodir Chalabiy va boshqalar), shoirning o‘z nafsini kuchlab turib yozgan maqtovlari (qasidalar)dan boshqa narsaga tushunaolganmikan? O‘zlarini maqtab yozgan qasidalar uchun ba’zi-ba’zida “iltifot” qilib, gadoylar qatori “xayr-sadaqa” tashlab qo‘yaturg‘an kattalar shoirning asil ko‘nglidan chiqqan (emosional) hayajonlarini anglayolarmidi? Demish har g‘unchaya oshiqlig‘im, rozin sabo, derlar, El og‘zin dutmoq o‘lmaz, qo‘rqaram, ey gul, sanga derlar. Xayoliy orazing javlon edar bu chashmi purnamda, Nechikkim mavjlanmish suvda aksi oftob o‘ynar. Maishat tangligi nihoyat darajasiga yetgandan keyin, Fuzuliy “osilsam balandroq dorga osilay” deb, eng yuqorig‘a ariza bergan bo‘lsa kerak. Biz hozir o‘sha arizadan ya’ni Fuzuliyning Nishonji poshoga yozgan maktubidan gapirmakchi bo‘lamizki, unda tasavvuf go‘zalliklaridan hech bir asar yo‘q. U o‘sha davrning insofsizliklaridan soddagina qilib gapiradigan kichkina bir hujjatdan iborat. Fuzuliy turk sultonlarining eng hashamatligi bo‘lgan qonuniy Sulton Sulaymon davrida o‘tgan. Sultonning “qonuniy” degan laqabi o‘zi ko‘rsatib turadiki, uning zamonida u keng mamlakat qonun bilan idora qiling‘an davlat apparati muntazam ishlagan. Sultonparast tarixchilar Sulaymon davrini maqtab tugata olmaydilar. Qonuniy Sulaymon o‘zining muncha keng mamlakatini ma’lum bir qonun doirasiga solishga urungan edi. Bu narsa Fuzuliy maktubidan ham ma’lum bo‘ladi (vaqf daromadlarining turli chiqim boblariga-statyalarga bo‘lunishi). Sulaymon o‘zining bu tashabbusida qanchaliq muvaffaq bo‘lgandir – bilmaymiz, ammo Fuzuliy maktubidan ko‘runadiki, mamlakat idorasi, baribir, bir to‘da o‘g‘rilar va talonchilar qo‘lida qolg‘an. Keng mamlakat daromadlarining qaymog‘ini o‘shalar yalaganlar-da, Fuzuliydek halol mehnat qiluvchi bechoralarga, qancha talantli va san’atkor bo‘lsalar ham, “zahmatlarga tushmak”dan boshqa narsa nasib bo‘lmagan: Bango ban o‘ldug‘um manzilda rohat mayl edib kelmas, Dushib zahmatlara nochor ban o‘ldum talabgori. Havoi sayr qildim irtifoi qadr uchun, zero – Yerinda har matoing past o‘lur albatta miqdori. Shunday qilib, yuqorida aytganimizdek, faqirliq va yo‘qsulliqdan qutulib bir qadar odam qatori yashamoqchi bo‘lgan Fuzuliy vaqfdan nafaqa (“taqoid”) so‘rab, o‘sha Sulton Sulaymonning bosh vaziri bo‘lgan Nishonji poshoga ariza beradi. U arizaning ustiga bosh vazir “zavoid hisobiga (vaqfning tub ehtiyojlariga belgilangan mablag‘dan oshiqcha pullar hisobiga) berilsin” deb yozadi. Mana shu “zavoid” so‘zini dastak qilib olib, vaqf idorasidagi to‘ralar Fuzuliyga hech narsa bermaydilar. Uni ko‘p vaqtlarg‘acha ana-mana deb sarson qiladilar. Axiri, Fuzuliy vaqfdan pul olish umidini tamom yo‘qotg‘andan keyin shu maktubni yozadi. Maktub juda tumtaroq, sertakalluf iboralar bilan boshlanadiki, uni o‘rta darajada savodli bir kishi ham (arabcha va forsiychadan mukammal xabari bo‘lmasa) tushunolmaydi: “Moliki mulk oroyi olam va hokimi hikmat fazoi aqolim…” Bu quruq bir muqaddimadan iborat. Undan keyin shoir bir necha yo‘l she’r (nazm) bilan haligi arizaning nima uchun yozilganini, undan nima natija chiqqanini bildiradi. Bu bir necha yo‘l nazm maktubchaning boshida keladi, demak Sulton va uning idorasiga otiladigan piching toshlari shu yerning o‘zidayoq boshlanadi (shunday joylarning ostiga chizildi): Arz etar xokisoru bemiqdor, Bandai kamtarin Fuzuliyi zor, Ki muqimiy maqomi uzlat ekan, Sokini go‘shai qanoat ekan, Boshima dushdi joh savdosi, Zavqi ahli tama’ tamannosi; Havasi kasbi nangu nom etdim, Talabi rif’ati maqom etdim, Istadimkim, uluvvi qadr o‘lam, Mazhari lutfi podshohi olam. Bilmadim kim, shikastahol o‘luram, Hasad ahlina poyimol o‘luram. Tama’, ashrora xodim o‘lmoq emish, Sufahoya mulozim o‘lmoq emish. Kimki Allohdin ibo aylar, Gʻayr dargoha iltijo aylar, Hosili zallatu xasorat o‘lur, Raxti ummidi ya’sa g‘orat o‘lur . Fuzuliy shy yerda Sulton idorasidan bir narsa umid qilish xato ekanini op-ochiq, lekin qanday ustalik bilan piching tariqasida aytadi! Undan keyin vazirdan javob olganini, u javobga ko‘p sevinganini aytadi. Ammo bu qattiq sevinch yana o‘shanday qattiq pushaymon va xafalikka aylanganidan keyin shoir chidayolmay ketadi va qonuniy Sulaymon davridagi “qonuniy” davlat apparatini sodda, lekin o‘tkur va chiroylik so‘zlar bilan juda yomon urib tashlaydi (shu joyini to‘la ko‘churamiz, lekin asl nusxasini berib o‘turmasdan, tarjimasinigina beramiz): “…va hukmni ijro ettirmoq uchun vaqf mutavallisi yoniga bordim, mutavallini uchratib bo‘lmadi, undan keyin moliya bo‘lumiga qarab ketib, eng nahs vaqtda va eng yomon fursatda u joyga yetib borganligimdan, bir to‘da odamlarni ko‘rdimki, hikoyatlari parishon, na safodan unda asar-u, na sadoqatdan unda nishon bor; to‘plamlari hillalar tuzog‘i, majlisdag‘i odamlari “hayvonning o‘zi, balki uning ham ozg‘inrog‘i”. Kelishmagan harakatlari ruhning egovi singari va ozor berguvchi so‘zlari Nuh to‘foni to‘lqunlariday jangari; salom bersam, “bu pora emas” deb olmadilar, hukm ko‘rsatdim, “foydasi yo‘q” deb nazar solmadilar, garchi zohirda bo‘yun egish (itoat) shaklini ko‘rsatdilar, ammo hol tili bilan hamma savollarimga bir-bir javob aytdilar: dedim: “hoy yaxshilar, bu qanday fe’li xato va chin abrudir? Dedilar: “hamma vaqt bizning odatimiz shudir”. Dyedim: “menga rioya qilinsin. Nafaqa uchun qog‘oz berdilarki, hamma vaqt undan bahra olay, xotirjam o‘lturib podshohning haqlarig‘a duo qilay”. Dyedilar: “Ey bechora, sening uvolingga qolg‘anlar, seni ovoralik ko‘chasiga solganlar, endi doim foydasiz janjallar qilasan, xunuk yuzlar ko‘rib, do‘qqi so‘zlar eshita berishdan siqilasan”. Dyedim: “Nafaqam nima uchun qo‘lg‘a kelmas?”. Dedilar: “Zavoid degan narsa bizda bo‘lmas”. Dedim: “Shunday katta vaqf zavoidsiz bo‘ladimi?”. Dedilar: “Vaqfning tub chiqimlaridan ziyodasi bizdan ortib qoladimi?”. Dedim: “Vaqf molini ortiqcha (o‘z maqsadidan tashqarig‘a) ishlatish uvoldir”. Dyedilar: “Pulga sotib olganmiz, bizga haloldir”. Dedim: “Hisob so‘rab qolsalar javobgarlikka qolinadi”. Dedilar: “Hisob degan qiyomatda olinadi”. Dedim: “bu dunyoda ham hisob olinadi deb eshitdik”. Dedilar: “Undan qo‘rqmaymiz, chunki kotiblarni rozi etdik”. Ko‘rdimki, savolimga javobdan boshqa narsa bermaydilar, bu hujjat bilan so‘raganimni berishga yaqin ham kelmaydilar, nochor xarxashani tashladim, yana ma’yus va umidsiz bo‘lib o‘zimning pana burchagimga yo‘l boshladim”. Qonuniy degan laqabi bilan maqtalaturg‘an shunday katta bir sultonning idora apparatini qora yerlarga urub toza razil qilg‘anidan keyin, haligi ikki o‘rtada sarson bo‘lgan ariza qog‘ozi to‘g‘risida mana bu shirin yo‘llarni yozadi: “Hujjatimdan (qog‘ozimdan) haqorat ko‘rganim uchun menga uning oldida ko‘p uyat, hujjatim menga foyda yetkizolmagani uchun mendan xijolat. U charx etilgan guvohdek gapirgan gapidan pushaymon, men yolg‘on da’vogar singari ta’nalardan parishon; u bekor bo‘lgan oyatdek ishga yarovsiz, men odam qatoridan chiqqan ummatdek ovsiz va dovsiz”. Undan keyin shu yuqoridag‘i so‘zlarni to‘rt yo‘l bayt ichiga qanday chiroylik va badiiy qilib, yaxshi obrazlar bilan joylaydi: Ban anga fitna, ul banga ofat, Mutanaffir ban andan, ul bandan. Ban anga g‘ussa, ul bana mihnat, Mutakaddir ban andan, ul banda! Yuqorida ham aytgan edik: bosh vazirning buyrug‘idag‘i “zavoiddan berilsin” degan hukmni bahona qilib, mutavalli va uning moliyadagi to‘ralari shoirga hech narsa bermaydilar. Shu uchun mana shu “zavoid” so‘z ustida ham Fuzuliy bosh vazirga qattiq pichinglar qiladi. “Darhaqiqat, agar “zavoid” so‘zidan maqsad – xizmatchilar va rutba egalarining oyliklaridan, nafaqaxo‘rlarning maoshlaridan, ot, mol va boshqa hayvonlarning yem-hashak sarflaridan, oqtarish va binolar solish xarajatlaridan oshgan puldan nafaqa berilsin, demoq bo‘lsa, u holda janobingiz mana bunday demoqchi bo‘lasiz: “oldin va yuqori bo‘lish da’vosini qiluchi va o‘zini ko‘p musta’id odamlardan oldinda deb biluchi Fuzuliy, mening soyai davlatimda, mening qaynab tushgan saxiyligim, jo‘mardligim va marhamatlarim orqasida shu saxiylik nomasini olib va mening buyrug‘img‘a asosan, bundan keyin o‘zini – hamma gadolardan, balki hayvonlar, toshlar va hatto tuproqlardan kam va past bilsin, behudaga qog‘oz ishlatmasdan o‘z martabasini topsin”. Bu maktub yana bir necha yo‘l nazm bilan bitadi. Bu nazmda ham kattakon piching bor: …Garchi anduhu mihnatim cho‘qdir, Hechkimdan shikoyatim yo‘qdir, Toli’imdir banga jafo ketiran, Har bir oningda bing balo ketiran, Yo‘qsa dargohi podshohi zamon, Lutfa manba’duru muruvvata kon. Gazeta betlarida Andijon uyazida dehqonchiliq solig‘i yig‘ish ishlari boshqa uyazlarga qarag‘anda sekin boradur. Bu to‘g‘rida gazetalarda: “Andijon hammadan keyin qolubsan, uyat emasmi, tezroq qimirla!” deydirlar. Durust, dehqonchiliq solig‘ini yig‘ish ishlarida Andijon hammadan keyin qolg‘an, bundan hech kim tonmaydur. Farg‘ona uchun eng yarimi kechilib, yarmiga qolg‘an bu soliqni vaqti-vaqtida yig‘ib berish lozim edi. Lekin, ishning tagiga nazar solub, ahvol va shart-sharoitni tekshirgan vaqtda uzr sanalg‘ulek sabablar bor. Shu to‘g‘rida mahalliy ijroqo‘mg‘a murojaat qilib quyidag‘i ma’lumotni oldim. Gullaysan, maorif! «56 yil chorlar vaqtida, olti yil inqilob ichida yerlik xalqqa maorif berish masalasini o‘y o‘ylash bilangina o‘tkazdik. Endi amalga, ishga kirishish kerak»! (O‘rtoq Sulton Sakizboy o‘g‘li). Bu – juda to‘g‘ri bir fikr. Buni o‘rtoq Sakizboy o‘g‘lidan boshqa yana ko‘b kishilardan eshitib yotibmiz. Inqilobning oltinchi yil bayramida ham g‘oyat tabiiy va g‘oyat kuchlik bir mayl bilan og‘izlarimizdan shior chiqdi: «Inqilobning yettinchi yili maorif yili bo‘lsun!» Gazetamizning 118-sonida bosilg‘an o‘rtoq Mirzohid Oqilning maqolasi bilan o‘rtoq Lapinning yana bir maqolasi shu shiorning juda vaqtida maydonga tashlang‘anini ko‘rsatadur. Bundan so‘ng: «Maorif kerak!» – desak, unda samimiyatdan boshqa narsa bo‘lmas. Nimaga desangiz, Farg‘ona xalqining 5 yildan beri tortub kelgan hamma kulfatlari shu tilakning shu choqqacha samimiyat bilan aytilmaganligidan keldi. Ilgari: «Maorif kerak!» – deb biz aytdik, hukumat aytdi, anglaguvchi, bilguvchi yigitlar aytdi. Endi hozir xalq, ko‘bchilik, omma, qishloq va ovul aytmakdadur. «Farg‘ona»ning 118-sonida bosilg‘an Qo‘qon uyezdidagi maorif ishlarining hisobi qishloqdagi to‘xtatub bo‘lmas tilakning tilmochidur. Qo‘qon uyezdidagi «Maorif kerak!» degan xalqning tilagi butun Farg‘ona xalqining tili bilan har kun har soat aytilub turubdur. Shuning uchundurkim, hozirgi vaqtda maktab ko‘bchiligi shaharlardan qishloqlarga, demak, xalqning g‘ujum bo‘lub o‘lturg‘an joyig‘a ko‘chdi. Muallim topub, ta’mir qilib maktab ochturayotkanlar qishloq dehqonlari bo‘lub qoldilar. Xalqdan chiqqan bu tilaklarni silab-siypab joyig‘a qo‘yaturg‘an maorif idoralarimizning boshdan buzuq bo‘lub kelganligini ko‘b gapurdik, ko‘b yozdik. Lokin uzoq vaqt tovushimiz cho‘llarga qarab ketdi. So‘ng vaqtlarda jumhuriyatimizning Maorif kamisarligida jindak almashinish bo‘ldi. Ya’ni kamisarlikning boshig‘a unda turub ishlayturg‘an, maorif qayg‘usig‘a berilgan kishilar qo‘yildi. Bu yaxshi harakatning natijasi ko‘rilmakka boshladi. Albatta, Maorif kamisarligini qo‘zg‘atish bo‘yincha bo‘lsa kerak, ushbu oyning 11-kuni Toshkantda Davlat rejasi (Gosplan) binosida katta bir kengash bo‘lub, ul kengashda Turkiston jumhuriyatining maorif siyosati masalasi ko‘rildi. Kengashga firqa markazqo‘mi, markaz ijroqo‘mi, komissarlar sho‘rosi a’zolari, turli komissarliklarning kollegiya a’zolari, yuqori maktablarning mudarrislari, xususiy maorif-madaniyat tashkilotlarining vakillari va maorif ishiga qiziqqan ayrim kishilar aralashdilar. Kengash natijasida maorif ishlariga doim yordam berib turmoq uchun eng obro‘lik firqa va hukumat idoralarining vakillaridan iborat bir yordam byurosi tuzildi. Demak, xalq maktab so‘raydur, maorif talab qiladur: jumhuriyatning eng yuqori idoralari ham shu tilakni, shu talabni qanday yo‘l bilan bo‘lsa ham amalga keltirmak uchun yeng shimarlaydurlar, xalqning tilak, markazdan rahbarlik va yordam bo‘lsa, har bir haqiqatning asosi bo‘lg‘an bilim va uni el orasiga tarqatish ishi haqiqat(an) yangi, to‘g‘ri va umidlik yo‘lga kirgan bo‘ladur. Gʻaflat obod (Hangama) Andijon maorif shoʻbasi Mirobod degan qishloqqa bir maktab ochayotibdir. Bu to‘g‘rida mana shu gazetada bir xabar bor. Menim “Gʻaflatobod” bir joy bordur-da, u yerga birar maktab-paktab ochilaturg‘andir, deb o‘ylasangiz ham yanglishasiz. Maorif shoʻbasi hozir tinchlanib qolg‘an bir yerga bir maktab ochdi, yana boshqa yerlarga ham ochmoq niyati bor. Lokin, bundan Andijon yoshlarining xabari yo‘q. Qaysi bir avliya, aziz va muborak bir zot, o‘tkan zamonlarda Andijon shaharini “Gʻaflatobod” deb karomat qilg‘an ekanlar. 1911 nchi yillargacha ul zoti bobarakotning karomati haq bo‘ldi. 10 nchi yildan keyin Gʻaflatobod qimirladi, Harakatobod bo‘lushqa harakat qildi, maktablar, qurslar, to‘dalar, hay’atlar, allanima balolar ochildi. Yoshlar, uloqchi ot bo‘ldilar. Bu hol hozir yo‘q. Hozir ham 20, 21 nchi yillardan beri yo‘q. Hozir ikki-uch qaltirab turg‘an maktab bor. Bitta titrab turg‘an qurs bor. Lokin, bunday narsalardan yoshlar sayil pulini cho‘ntakga urush, araq shishasi (Butilka)ni amal deb bilish, bir-birlarining oyoqlarini chalish ko‘yidalar. Yoshlar bukun “Gʻaflatobod”ning eng hurmatlik kishilari, muborak avliyoning eng maftun muridlari bo‘ldilar. Yoshlarni e’tiqodsiz deb so‘katurg‘an Shamshirxon to‘ralarga nima desam ekan? Shamshirxon to‘ramlar, Darra maxdumlar Andijon yoshlarig‘a jon qurbon qilsalar bo‘ladir. Besh-o‘n yildan beri juda taraqlab ketayotqan Andijon xalqini etagiga yopishib, to‘qtatib qolg‘an, boshini aylantirib, miyasini suyultirayotqan “Bog‘ayrat tilmiz”lar Andijon yoshlari bo‘ldilar. Darvoqe, Andijonni haqiqiy “Gʻaflatobod” qilishda yoshlarning vazifasi ulug‘dir. Buni bilmagan, ko‘rmagan nonko‘rdir, kardir. Ahli haqiqatning dard zaboni hozir shu bo‘lmog‘i kerak: -Zindabod jo‘hori Andijon! -Zindabod Gʻaflatobod bejon! Gʻalaba ustiga g‘alaba Boshda Onato‘li (Kichik Osiyo) mas’alasi bo‘lub kelib, inqilobchi turk o‘rdularining porloq g‘alabalaridan so‘ng Istanbul, bo‘g‘ozlar va Trakiya mas’alasi shakliga kirgan qiyin chigal – yechilmak oldidadir. So‘ng kunlarda teleg‘rom va simsiz teleg‘rom xabarlarida urush, to‘qnash kabi narsalar sira yo‘qdir. Hozir to‘plar va miltiqlarning vazifalari bir daraja to‘qtag‘an, siyosatchilar urushi, miyaliklar to‘qnashuvig‘a keng maydon ochilg‘andir. Yunonistonni shu qonli o‘yung‘a qiziqtirib kirgizib qo‘yg‘an Angliya siyosatchilari sharmandalikni yopmoq uchun nima qilishlarini bilmadilar-da, kelib-kelib “betaraf mintaqa” “Istanbul va bo‘g‘ozlar egaligi” mas’alalarini chiqardilar. Onato‘lig‘a Turkiyaga mol uzatib, hamyoni katta qilib turg‘an fransuzlar siyosatchi savdogarlari bo‘lsa, bunga qarshi oyoq tirab oldilar. Shuning bilan Turkiya va Yunon o‘rtasidag‘i janjal – Fransiya bilan Angliya o‘rtasig‘a tushdi. London bilan Parij orasida to‘qtovsiz notalar, izohlar, talablar, fikrlar yurub turdi. Angliyaning Sharq siyosatida eng katta ro‘l o‘ynag‘uchi Lord Kerzon janoblari Fransiyaning tutqan mavqeidan qo‘rqdilar. Maskavdan Qaraxan o‘rtoqning berib turg‘an notalari ham xiyla “besaranjom” qildi. Natijada Lord Kerzon yeng shimarlab maydonga kirdi, Fransiya siyosatchilari bilan gaplashib, ularni yo‘lg‘a solishliq vazifasini u kishi bo‘ynig‘a oldi. Lord Kerzon Fransiya vakillari bilan jiddiy suratda gaplashgandan so‘ng mas’alani bir daraja osonlashtira oldi. Ya’ni: bo‘g‘ozlarni har kimga ochiq qo‘ymoq sharti bilan Istanbulni Turkiya qo‘lig‘a topshirmoqqa rozi bo‘lg‘andek bo‘ldi. Hatto, kechagina “Turk qo‘shunini endi bir qarich ham ilgari bosdirmayman!” deb toshdek qotib turg‘an Angliya siyosatchisi bu kun Turkiya qit’asini Edirnasi bilan birga, Ma’rich nahriga qadar yana Turkiyaga bermakka ko‘nub turadir. Zotan, Turkiyaning talabi ham shu edi. Endi, bir qarashda mas’ala butkul yechilgan kabi ko‘runadir. Lokin, yaqin Sharq mas’alasi insof ahlining ko‘zida oson bir mas’ala bo‘lsa ham, Ovrupo jahongirlari uchun ko‘b qiyin bir mas’aladir. Chunki, unda ularning xususiy manfaatlari biri-biriga to‘qnash keladir, unda Turkiyaning mustaqil yashash mas’alasi bordir. Shuning uchun hali bir qadar gaplashishlar, muzokaralar bo‘lishi lozimdir. Shuning uchun, bir vaqt Italiyaning Venetsiya shahrida chaqirilmoqchi bo‘lung‘an kengash majlisining bo‘lub o‘tishi lozimdir. Turkiya o‘rdularining g‘alabasi, bu majlisni ham chatoqliqqa tushurdi. Italiya hukumati Venetsiyada bo‘lsun, deydir, Fransiya bilan Angliya o‘z joylarig‘a yaqinroq tortalar, Mustafo Kamol ham: “Men bosh qo‘mondon bo‘lg‘anim uchun o‘rnimdan jila olmayman, shuning uchun yaqin Sharq mas’alasini qarayturg‘an kanferensiya Onato‘lining o‘zida bo‘lsun!” deydir. Har holda mas’alaning tezrak hal qilinishi lozim bo‘lg‘anlig‘idan bu kichkina modda ustida uncha ko‘b talashib o‘lturmaslar. Istanbul bilan Edirna Turkiyaga qaytarilmoqchi. Mas’alaning bu kungi borishi shuni ko‘rsatadir. Faqat, o‘lmagan bo‘lsa ham o‘lganlar qatorida hisoblang‘an Turkiyaga shuncha kuchlik bo‘lg‘an Ovrupo davlatlari nimaga buncha “iltifot” ko‘rsatib turadirlar? Buni Ovrupo davlatlarining insoflaridan ko‘rush juda xatodir. Buning sababini – faqat, Onato‘li qishloqisining azim va matonatidan, inqilobchi turk qo‘shunining porloq g‘alabasidan va nihoyat bu kungi siyosiy vaziyatning shunga moyil bo‘lushidan ko‘rmak kerakdir. Mas’alani bu kun shu ravishcha hal etdirib turg‘an – Onato‘li xalqining kuchidir, miltig‘i, o‘qi, pulimotidir. Yo‘q esa, Istanbulning muzayyan saroylarida, yumshoq taxtlarda o‘lturg‘an va anglizlar bilan fransuzlarning har bir harakatiga “Marhabo!” deb turg‘an sulton va shahzodalarning bu mas’alada bir chaqaliq ahamiyatlari yo‘qdir. Ular uchun Istanbulning Turkiya qo‘lig‘a kirishi munosib emasdir, shuning uchun Istanbul mas’alasi Turkiya foydasig‘a hal etilaturg‘an bo‘lg‘andan so‘ng, sultonning erka shahzodalari va ularni silab, siypab yurg‘an oliy vazirlar Istanbulni tashlab, Malta otasig‘a qocha boshlag‘anlar… Safarlari bexatar bo‘lsun! Istanbulda o‘lturg‘an nomussiz sulton hukumati endi Onato‘li hukumatini rasmiy bir hukumat deb tanimoqchidir. Inqilobchi Onato‘li xalqini va uning hukumatini shu choqqacha bog‘iy va osiy deb kelganlar bu kun o‘z qarashlari o‘zgartmakka majbur bo‘lubdirlar. Mana bu g‘alaba – Istanbul, Edirna va Trakiyani qo‘lg‘a kirgizish g‘alabasidan ham ahamiyatlik bir g‘alabadir. Buning bilan Onato‘li qishloqisini samimiy suratda qutlamoq kerak. Yashasun, g‘alaba ustiga g‘alaba qozonib yotqan inqilob. Haqiqiy inqilob Biz bir necha yildan beri inqilobning eng qaynag‘an muhitida turamiz. Biz inqilobning eng kuchaygan asrida yashaymiz. O‘ktabr o‘zgarishidan beri bizning har bir harakatimiz, har bir qimirlashimiz inqilobga tomon, o‘zgarishga qarab yasaldi. Chirigan, buzulg‘an hayotimizni tuzatmak uchun har yo‘l bilan o‘zgarib, boshqalanib ko‘rdik. Lokin bunlarning ko‘bi, aksarisi ergashish yo‘li bilan, taqlid usuli bilan borar edi. Shuning uchun shu 5-4 yil ichida ko‘zga ko‘rungundek o‘zgarganimiz ko‘rulmadi. Miyamizda, hayotimizning chuqur burchaklarida boshqaliq, yangilik bo‘lmadi. Bizga kiyimda, sahnada, yurush-turushda yasalg‘an o‘zgarishlardan ko‘ra ortig‘roq o‘zgarish qilinaturg‘an yerlar bor edi. Endi unlarga sira ahamiyat bermadik. Boshqalar oldida o‘zimizni qizartaturg‘an qancha yomon odatlarimiz bo‘la turub, ul odatlarni xalq «qilmasa gunoh bo‘lmadi» e’tiqodi bilan qila turub, biz bunga indamadik, unlar bilan kurashmadik. Biz faqat yasan-tusanga ortiq ahamiyat berdik. 5 yil ko‘purub, qaynab, o‘zimizni har tomong‘a urub qarag‘andan so‘ng, endigina haqiqiy inqilobning lozim nuqtasini topib kelamiz, shekillik. San’atda G‘arb yo‘li bilan emas, o‘z yo‘limiz bilan, shuni tuzatib, isloh qilib ketish kerak degan fikr yaqindan beri gazetamiz betlariga chiqa boshladi. Maktablarimizda ham shakldan, ko‘rinishdan, tashqi yaltiroqliqdan ko‘ra ma’noga, ichki puxtalikka ko‘brak diqqat qiling‘anlig‘i ko‘ruladir. Gazetalarda o‘z hayotiy masalalarimiz ko‘brak yozilib, yangi chiqayotkan majmualarimizda o‘z hayotimizni tekshirishlarga ortiq ahamiyat berila boshlag‘anlig‘i bilinadir. G‘arb muzikasi ostida sekin-sekin yo‘qolib, ko‘mulub borg‘an cholg‘ilarimizning o‘qutish, o‘rgatish, ta’lim yo‘li bilan yana jonlana borg‘anlig‘i, uning uchun maktablar ochilg‘anlig‘ini eshitamiz. Mana bunlar bizning bir qadar sergaklanmakka boshlag‘animizni ko‘rsatalar. Bu kunlarda Toshkent mahkamai shar’iasi Toshkentning mo‘tabar ulamolari bilan birga butun mahalla imomlarini to‘plab bir majlis boshlag‘an. Ul majlisda xalq orasida necha yuz yillardan beri davom etib, bir odat va savob bir odat qatorig‘a kirgan ko‘b xurofotlarni bitirmakka qaror qiling‘an va ul qarorni yuzaga chiqarmoq uchun maxsus muxtasiblar belgilanib, jiddiy choralarig‘a kirishilgan. Ul majlisda man qiling‘an yomon odatlarimiz orasida o‘likka yettilik, yigirmalik, qirqliq va yillik oshlar qilish, xotunlarning yig‘lashi, tobutning oldida yig‘lash, qora kiyish kabi bizni boshqalar oldida masxara qilaturg‘an zararlik rasmlar ham bordirkim, bu – xalq hayotining eng qora burchaklarida yasalg‘usi o‘zgarishdir. Mana buni olqishlamoq, buni yuzaga chiqarishda qo‘ldan kelgan qadar tirishmoq hammamizning eng o‘tkur vazifamizdir. Bitsun xurofot! Haqqulobodda yangi qurs Atrof ijroqo‘mining raisi o‘rtoq Ibrohim hoji o‘g‘lining hammani ostida yosh batraklar orasidag‘i savodsiz a’zolari uchun 3 oyliq vaqt belgilab bir qurs ochildi. Bu qursning yonidan ibtidoiy maktabning yuqori sinf talabalari uchun ham hozirlik bo‘lumi davom qilmoqda. Bu g‘ayrat yoshlarni suyundirib har bir yosh savodsiz a’zolar o‘rtoq Ibrohim hoji o‘g‘lini olqishlamoqdadur. Hayot-mamot masalamiz ustida «Turkiston» boshqarmasig‘a o‘lkamizning har tomonidan har kun degudek to‘p-to‘p xatlar keladir. Gazeta boshqarmasig‘a kelaturg‘an xatlar, albatta, mahallarning kun o‘tkazishi, tiriklik qilishini har tarafdan yaxshilab ko‘rsatsa kerak edi. Lokin ul xatlardan olg‘an xabarlar bilan gazetaning o‘lka hayotiy qismini keng, yaxshi va to‘g‘ri bir yo‘lg‘a qo‘yub bo‘lmaydir. Negakim ul xatlarning hammasi degundek maorif, o‘qush, o‘qutish masalasidan va ul masalaning-da faqat fojia yoqlaridan bahs etalar… O‘lka Maorif komissarligida o‘lturub mahallardagi maorif shu’balarining ma’ruza (doklad)lari ichiga ko‘milgan o‘rtoqlarimiz, bilmadikkim, maorifimizning haqiqiy holidan qancha xabardor bo‘lsalar? Albatta, ular mahallardagi maorif ishlarining ochiq chig‘armasini bizdan ortiq onglab, bizdan ortiq bilsalar kerak. Faqat mahallardagi maorif ishlarining o‘lib borishig‘a qarshi u o‘rtoqlarimizning bu kun nima tadbir va choralar ko‘rganligi ularning Xo‘jand maorif shu’basiga qilg‘an muomalalaridan ma’lumdir. U muomala shundan iboratdir: o‘lkamizda maktab o‘qushlariga bir qadar ahamiyat bergan bir musulmon shahri bo‘lsa, u ham Xo‘jand ekan. Maorif komissarligining maktablar turi (miqdori) bo‘yicha Xo‘jandda hukumat hisobiga faqat 8 gina maktab ochishg‘a ruxsat berilib, shunga yarasha, balki, ozroq pul berilgani holda, Xo‘jand maorif shu’basi o‘zi harakat qilib 14 maktab saqlar ekan. Bu 14 maktabning ikkisi ham qizlar maktabi ekan. So‘ng vaqtlarda ta’minotsizlik sabablik har yerda musulmon muallimlarining maktab ishlarini tashlab, boshqa yo‘llarg‘a kirib ketkanliklarini ko‘rgan Xo‘jand maorif shu’basi turli yo‘llar bilan pul topib, muallimlarga ta’rifa (tarif) bo‘yinchagina oyoq bermasdan, ular bilan alohida muohada (dogovor)lar yasab, ularni bir qadar ta’min qilib kelgan. Xo‘jand maorif shu’basining bu harakatini bizning o‘lka Maorif komissarligimiz o‘zboshimchalik, rejadan chiqishlik deb topib unga koyish (poritsaniye) e’lon qilg‘an… Bu muomala Xo‘jand maorif shu’basida o‘lturub, oz-da bo‘lsa ishlamak istagan kishilarga: «Ishlama, baribir, seni ishlatgali qo‘ymaymiz!» – demak emasmi? Durust, Xo‘jand maorif shu’basi o‘zboshicha muohada bog‘lag‘an, o‘z bilganicha ish qilg‘an. Har holda, kerak va lozim bo‘lg‘an rasmiyatni buzg‘an. Lokin maktablar turi bo‘yincha hissasiga tushkan maktablarning yarim-yo‘rtisi uchun ham qancha vaqtlardan beri ta’minot ololmay kelgan maorif shu’balari bor, ko‘b bor. Ana bularga qarshi rasmiyatni buzg‘an Maorif komissarligining o‘zi emasmi? Xo‘jandda 8 maktab o‘rnig‘a 14 maktab bo‘lg‘an ekan, bir maktabga ega bo‘la olmag‘an joylar ham bor. So‘ngra maktablarning bu jihati ham bor: bu kun bizning yerlik xalqning maorifi o‘lim oldida; maorif ishida yurgan yoshlarimiz, muallimlarimiz qorinlarini to‘yg‘iza olmasdan maorif ishidan chekildilar; ularni yanadan maktab-maorif ishiga jalb etmak masalasi bizning uchun hayot-mamot masalasi bo‘lub turadir. Shundan bir ahvol ichida ham Ovrupo rasmiyatining eng bachkana, eng arzimas bir bobi uchun shunday muomala qilmoq to‘g‘rimi? O‘lar holatda yotkan kishiga: «Nimaga mehmonni qarshi olmoqqa chiqmading?» – desak bo‘ladirmi? Firqaning so‘ngg‘i o‘lka konferentsiyasida maorif ishlari to‘g‘risida qisqa, lokin asosli gaplar aytildi. Maorif to‘g‘risida mahaldan kelgan har bir vakil degundek zorlanib o‘tdi. Butun jumhuriyat uchun birinchi maydon xo‘jaliq maydoni bo‘lub, maorif ikkinchi yo uchinchi maydon bo‘lsa, bizning Turkistonda o‘zining qorong‘ulig‘ig‘a qarab bu maydon birinchi bo‘lmog‘i kerak edi. Ammo bizda bosmachilik harakati bor. Lokin yaxshilab o‘ylang‘anda, shu bosmachilik harakati va uning orqasida to‘rt-besh yildan beri elni qoqshatib kelgan urush maydoni bizning jaholatimiz orqasida chiqmadimi? Bir narsa onglag‘an, tushungan xalqlar sira oyoq ostida ezildilarmi? 8 maktab o‘rnig‘a 14, balki 24 maktab ochib, ahdnoma bilan emas, undan kattaragi bilan ish ko‘rush natijasida har bir qulliq zanjiriga og‘ir, og‘ir zarbalar tushurilmasmi? Hindistonda ochlik Bu yil Hindistonda ekinlar juda yomondir. Har yil vaqti-vaqtida yog‘aturg‘on yog‘murlar bu yil pastaki bermadi. Buxor viloyatlari va Himolay yon – berlarida va ham Panjob va shimoliy – g‘arbiy chegara taraflarida ko‘b oz yog‘di. Ko‘b viloyatlarda hozir ochliq boshlandi. Hindistonning har yerida g‘alla va yem-xashakning narxi birdan ko‘tarilib ketdi. Hukumat qurultoyi Shu kunlarda har kimning qulog‘ida “qurultoy” so‘zi jaranglab turadur: Yaqinda qurultoy bo‘lur ekan, hukumat qurultoyi ekan! Bu nimadur, nima uchun bo‘ladur, qoidasi nimadur? “Qurultoy” degan so‘z bugungi buxoroliklar uchun yot so‘zdur, tanish emasdur. Buning sababini, yo‘lini, foydasini Buxoro ulusi birdan tushuna olmaydur. Biz, Buxoro, umuman Turkiston xalqi o‘zimizning bilmasligimiz, ongsiz, epsizligimiz sababli “qurultoy” so‘zini anglamasak ham bu so‘z tariximizning eng eski bir o‘rtog‘i, qalin bir do‘stidur. Burungi turk hukumatlaridan har biri ish boshiga o‘tkanda, hammadan burun umumiy bir majlis chaqirar edi. Bu majlisga mamlakatning buyuklari, xalq tarafidan saylang‘on oqsoqollari, xalq foydasini tushungan olimlari to‘planar edilar. Yangi hukumatning siyosati, salohiyati to‘g‘risida gapurur edilar. Kengashib, mashvarat qilib, qonunlar yasar edilar. Bu qonunlarning ijrosini hukumat kishilariga topshurub, o‘z yurtiga qaytar edilar. Mana shul umumiy majlisning oti “qurultoy” edi. Eski turk hukumatlari boshlariga ulug‘ bir ish tushganda ham qurultoy chaqirib, mushkullarini xalqning kengashi bilan hal qilur edilar. Tugunlarni elning tirnog‘i bilan yechar edilar. Mamlakat idorasi uchun eng to‘g‘ri, eng foydali yo‘l shul edi. Lekin zamon bizni bu to‘g‘ri yo‘ldan chiqarib, uzunroq otdi. Yosh jumhuriyatimizning ismi “Xalq Sho‘rolar Jumhuriyati” dur. Bu ism uch muhim ulug‘ so‘zdan iboratdur: “xalq” (massa)ning “jumhur”i, ya’ni aksariyati tarafidan yuborilg‘on vakillar “sho‘ro”, ya’ni mashvarat qilib, mamlakatning asosiy qonunlarini, tashkiliy idorasini hal qilurlar. Xalqimizning saodati, rohati, vatanimizning baxti va taraqqiysi yo‘lida berilgan qarorlarining ijrosini ma’lum bir hay’atga topshirib keturlar. Buxoro Xalq Sho‘ro Jumhuriyatining asosiy qonunlari, usul idorasi “xalq”ning “jumhuri” tarafidan yuborilg‘on vakillarining “sho‘ro”lari – kengashlari bilan muqarrar bo‘lur. – Qayerda? – Qurultoyda! Buxoro Xalq Sho‘ro Jumhuriyatining idora tizgini, qilich va qalami; “xalq”ning “jumhuri” tarafidan yuborilg‘on vakillarinint “sho‘ro”si bilan saylang‘on kishilariga topshiriladur. – Qayerda? – Qurultoyda! Shu uzun muqaddima bilan oldimizdag‘i hukumat qurultoyining qanday muhim va ulug‘ bo‘lg‘onini ko‘rsatmak istadik, ehtimolki ko‘rsatdik. Xalqning tinchligi bilan tinchsizligi, vatanning saodati bilan falokati, hukumatning intizomi bilan buzuqligi shul qurultoy natijasida muqarrar bo‘lur. Yuborilg‘on vakillar, saylang‘on kishilar to‘g‘ri, insofli, vijdonli, vatan va xalq foydasini tushung‘onlar bo‘lsa, bu qurultoydan keyin xalq tinch, vatan mas’ud, hukumat muntazam bo‘lur. Yuborilg‘on vakillar bilan saylang‘on masul kishilar insofsiz, sotilg‘on, zolimning quyrug‘i, tomoq va aqcha bandasi bo‘lsa – ishimiz yana oqsay qolur. Ikkinchi maqolamizda kimlarni vakil qilmok kerak, idorani kimlarga topshirmok lozim ekanligi to‘g‘risida so‘z ochamiz. Ichkari tiplarning chevari Bu artistkaning bo‘lakcha bir tarixi bor. Sovet sahnasining bu qadrdon san’atkori bilan tanisharkan, biz, tilar-tilamas inqilobdan burungi qora kunlarga tomon bir burulish yasab olamiz. Qilich va yarog‘-aslaha kuchi bilan O‘rta Osiyo o‘lkasini o‘z tasarrufiga olib, u o‘lkaning xalqlarig‘a nisbatan zo‘r bir g‘urur bilan fotihlik siyosati yurgizgan chorlar zamonini esga olamiz. Yerli xalq kambag‘allari uchun “alohida” vagon ajratilgan, yerli xalqni ruslashtirish uchun maxsus “rus-yerli maktablari” ochilgan, chiroylik parklar va bog‘larg‘a yerli xalq juldur chaponlari kiritilmagan, har bir rusdan yerli xalqqa nisbatan g‘ururli va hazar qiluvchi bir muomila talab etilgan davrlarni ko‘z oldiga keltiramiz. Butun bu tubanliklardan farsaxlarcha yiroqqa ketgan bizlar, bu kungi milliy siyosatning guvohlari, ba’zida, hatto o‘sha ko‘rsatilgan masxaraliklarning bo‘lganiga o‘zimizni ishontirolmay qolamiz… O‘lkamizda ana o‘shanday qora bir milliy siyosat yuritilgan bir zamonda (1899 nchi yilda), Namangan – To‘raqo‘rg‘on yo‘lidagi, Namangandan 2-3 chaqirim masofalik bir qishloqda Marusa xonim tug‘uladi. Uning otasi, o‘sha qishloqdagi paxta zavodida ishchi (mexanik) bo‘lgan. U oilada tug‘ulg‘an bolalar, ko‘cha-kuyga yurib chiqa olaturg‘an holda kelar-kelmas, qishloqdag‘i o‘zbek bolalari orasiga qorishib ketib, chang va loylar ichida, butun kun o‘shalar bilan o‘ynashdan bo‘shamas ekanlar. Go‘daklar, bir-birlaridan hech hazar qilmas, juda yaxshi o‘rtoq tutushar ekanlar. Marusa xonimning onasi, aka-ukalari o‘zbek tilini o‘z ona tillariday bilganlar. Marusa xonimni sahnamizda ko‘rganlar bizning milliy xotin-qiz tiplarini berishda uning qanday chevar bo‘lganini yaxshi biladilar. Marusa xonimning birinchi marta sahnaga chiqishi yana Namanganda bo‘ladi. 1917 nchi yilda mahalliy o‘zbek yoshlari tomonidan qo‘yulg‘an tarjima bir asarda (“Arvohlar”da) Maryam rolini o‘ynaydi. Shundan keyin Namangan shaharida sahnaga qo‘yilg‘an ko‘p asarlarga aralashadi. 1918 nchi yilda uni biz Toshkentda uchratamiz. O‘zining aytishicha, o‘sha yili Toshkentda Karl Marks nomidagi teatr to‘dasida o‘ynagan. 1918 nchi yilning dekabr oylarida Farg‘ona shaharida Qizil qo‘shin siyosiy idorasining tashviqot poyezdi tuzuladi. Shu poyezd qoshidag‘i teatr to‘dasida Marusa xonim ham bor. To‘daning rahbari Hamza Hakimzoda edi. To‘dada xalq ashulachisi Qori Yoqub, marhum Hoji Siddiq, Rustam Islomov o‘rtoqlar ishlardilar. Bu to‘da ilgari Zakaspiy urush maydoniga borib, u yerdagi qizil askarlarga xizmat qildi. Keyincha Farg‘ona urush maydonida bosmachilarga qarshi urushayotgan qizil askarlar orasida tomoshalar ko‘rsatib yurdi. U to‘dada Marusa xonimning o‘ynagan rollari, tamoman deyarlik, Hamza Hakimzodaning “Farg‘ona fojealari” nomlik to‘rt pyesasidadir. Hozirga qadar hammasi bo‘lib 25-30 rol o‘ynagan. Bulardan muhimlari: “Halima”da Xoljon xola, Halimaning o‘zi, “Layli Majnun”da Layli, “Farhod Shirin”da Shirin va Mahinbonu, “Yorqin Oy”da Yorqin, “Arshin mol”da Gulchehra, “Loyqalar”da Kalonova, “Revizor”da Anna Andreyevna, “Rustam”da Hamro, “Uylanish”da amma, “Mening do‘stim”da Sofiya, “Qarol”da Biatricha. Uning eng yaxshi o‘ynagan rollari, bizcha, “Halima”dagi Xoljon xola roli bilan “Loyqalar”dag‘i Kalonova roli. Marusa xonimning o‘zbek xotin-qizlari hayotiga (eska hayotga) juda yaxshi oshna bo‘lganini nazarga olsak, haligi muvaffaqiyatlarning siri darrov bilina qoladi. Bu ikki rol, eski hayotimizdagi xotin-qiz tiplarining eng xarakterlilaridandir. To‘g‘ri, Kalonova – o‘z vaqtida javobgar bir sho‘ro ishchisi edi. Sho‘ro davrida ishladi, sho‘ro davrida jinoyat qilib, o‘z jinoyatini jazosini tortdi. Faqat, u umrining muhim davrini inqilobdan ilgari yashagan, inqilobdan keyin ham eski turmush botqog‘idan o‘zini tortib ololmagan edi. Sho‘ro davrida butun borligi bilan eski turmush changalida qolishi, uni, oxirda fojiaga olib bordi. Shu holda uni Xoljon xoladan ko‘pda yiroq qo‘yib bo‘lmaydi. Bu ikkalovini birlashtirgan ikki sifat bor: og‘zi kattalik va dadillik. Shu xislatlarga ega bo‘lmasalar, u ikkovi, hayotda va sahnada muncha chuqur iz qoldirib ketolmasdilar. Marusa xonim Xoljon xolaning shu dadilligini yaxshi bo‘rtdirib beradi, chunki artistkaning o‘z shaxsiy xarakterida ham shu dadillik bor… Biz, uch mashhur Xoljon taniymiz: Hasan mashinachi, Bahri, Marusa xonim (men markaz sahnasini olaman). Bizda xotin-qizning sahnaga chiqishi emas, teatrga kelishi mumkin bo‘lmagan davrlarda rejissyor Uyg‘ur Hasan mashinachini sahnaga olib chiqib ayol rolini o‘ynatdi. Erkakligi tamom bilinib turgani holda, Hasan o‘sha tipning butun ikir-chikirini yaxshi bilgani uchun, juda zo‘r muvaffaqiyat bilan o‘ynadi. Uni ko‘rganlar eski muhitdan ochiq va ravshan bir parcha ko‘rardilar. Shu uchun erkaklik degan narsa bilinmasdi… Bahrining Xoljoni juda jonli, serharakat, lekin uncha dadil va bahaybat emasdi. Zotan, Bahrining tan tuzilishi ham to‘ylar qahramoni bo‘lgan bahaybat Xoljonni berolmasdi. U Xoljonni mayinrak qilib, ko‘prak uning shaytonligini bo‘rtdirib, hovliqmaligini ko‘p ham ko‘rsatmasdan o‘ynadi. Marusa xonim tamom buning aksi. Toshkent tomoshabinlaridan bir kampirning o‘g‘li, o‘z onasini “Halima” tomoshasiga keltirgach, Xoljonning artistka ekaniga ishontirolmagan. U kampir Xoljonni allaqaysi bir sovchi xotinga o‘xshatgan, “shuning o‘zi” deb turabergan. Bizda hali eski turmushning qora sahifalari ko‘p varaqlanishi kerak. Yangi va baxtli bo‘g‘un, u qora ko‘rinishlarni sahnada jonlangan holda ko‘rsin va bu kunning erkin hayoti bilan solshtirsin. Shu nuqtadan qarag‘anda Marusa xonimning sahnamizdagi mavqei zo‘r va baland. Bu kungi yosh bo‘g‘un artistkalarimiz eski maishatni yaxshi bilmaydilar. Ular uchun o‘rganaturg‘an bir maktab kerak. Marusa xonim, Lutfi xonim va boshqa shu singari artistkalarimiz yoshlarga eski turmushni ko‘rsatishda bir maktab vazifasini o‘tayajaklar. Bu – zo‘r sharaf. Marusa xonimning sharafi va qadri shu nuqtada bo‘lsa uning zaifligi va kamchiligi ham shu joyning o‘zida. U eski turmushni juda yaxshi, yangisini esa juda oz biladi. Hozirgi zamon pyesalarida uning Xoljon xola va Kalonovalar darajasiga ko‘tarila olmasligi ana o‘sha zaiflikdan boshqa narsa emas. “Uylanish”da amma rolini, “Revizor”da Anna Andreyevnani yaxshi o‘ynamaydi, “durus” o‘ynaydi, xolos. Yaxshi o‘ynovchi boshqa aktyorlar orasida Marusa xonimning o‘rtacha o‘yini darrov sezilib qoladi. Marusa xonim yaxshi, iste’dodli artistka. U shu kamchiligini kurashib yengishi kerak. Afsuski, o‘z iqroricha, adabiyotni kam o‘quydi (ham o‘zbekcha, ham ruschani). Teatr-san’at adabiyoti bilan ham ko‘p shug‘ullanmaydi. Kasallik, ish ko‘pligi va boshqa-boshqa sabablar bor, albatta. Faqat, o‘sish yo‘lini to‘saturg‘an sabablarni kurashib yengmasa bo‘lmaydi! Idoraga maktub: No‘shiravon afandi haqinda Marhum No‘shiravon afandi o‘lgandan so‘ng “Ulug‘ Turkiston” g‘azitasinda andan qolg‘an narsalar haqinda har kim ma’lumot bermakka boshlag‘an edi. Men ham o‘zimdagi narsalar haqinda yozib bildirmakchi bo‘ldim. Ma’lumdirkim, marhum Turkiston Chini sayohatig‘a to‘qtalg‘an “Sadoi Turkiston” g‘azitasining muxbir ham vakili sifati ila ketgan edi. Yo‘ldan “Sado”g‘a ikki kitob yuborgan edi. Birisi: buyuk turk shoiri Amir Navoiyning bosilmag‘an bir asariki, uning millatga qoldirg‘an vaqflari haqida “Vaqfnoma” deb ayturlik bir narsadir. Ul asar Navoiyning o‘z asridagi “ro‘mantizm” ruhinda har turli bo‘yov bilan bo‘yalub yozilg‘an (ya’ni arabiy-forsiy so‘zlarning bozori.). Marhum uni asl nusxasindan o‘zimizning 6 nchi no‘mirlik rusiy kog‘azga ko‘churgan (aslini ololmag‘an bo‘lsa kerak), ikkinchi sahifasinda marhumning o‘z qo‘li bilan kim nimalar yozilg‘an edi, hozir xotirimda bo‘lmasa-da, har holda asarning ismi haqindan bo‘lsa kerak, yaxshigina adabiy bir narsa edi. Ikkinchisi: forsiy yozilgan “Jangnoma” (urush hikoyasi) bo‘lub, yaxshi musulmon kog‘aziga g‘oyat go‘zal bir qalam ila yozilg‘an nazm edi. Birinchi asar hozir o‘z qo‘limda emas. Xo‘qandda bir birodarim Yunusjon Og‘aliq janoblarindadir. 2 nchisi o‘zimda, ammo 20-30 ming chaqirimliq yerda; salomatmi? Yo‘qmi? Bilmayman. Agar menim kitoblar qo‘yg‘an yerimga “qahramon” armanilar “qizil lenta”lar bog‘lab kirgan bo‘lsalar, ehtimoldirki, asar marhum No‘shiravon afandining yoniga ketgan bo‘lsa… Salomat bo‘lg‘an taqdirda vaqti ila tobshururman. Ijroqo‘m Nihoyat… nihoyat kelib inqilob qo‘mtamiz ijroiya qo‘mita (ijroqo‘m)g‘a aylandi. Inqilobning qonlar ko‘purtkan vaqtlarida butun shahar va uyezd harbiy holat ostig‘a kirib, tinchliq bilan ish ko‘rguchi bir mahkama, bir idorani ko‘rushdan yillardan beri mahrum bo‘lub keldi. Hattoki, yaqin vaqtlarda inqilob qo‘mitasining ismiga «harb» (urush) degan bir so‘z qo‘shulub, «inqilob harbi qo‘mita» nomini olib keldi. Nihoyat o‘tgan oyning 28 nchi kuni Andijon shahar va uyezdning bosh mahkamasi, amaliy xujayini o‘z majlisini ko‘rdi. U majlisda «inqilob, harbi» jumlalari bir tarafga olub qo‘yulub, ijroiya qo‘mita nomi o‘rtaga chiqdi. Hozir, har narsa yumshag‘anidek, har narsa bo‘shashg‘anidek. Lekin, haqiqatda asl ish, asl mehnat, asl o‘zni ko‘rsatish endigina boshlandi, desak bo‘ladur. Chunki burung‘i hay’atlarning vazifalarida dushman bilan urushmak barobarida buzmoqliq ham bo‘lsa, hozirgi va mundan keyingi hay’atlarning vazifalari to‘ppa-to‘g‘ri: tuzatish, o‘nglash, obod qilish, gullatishdur. «KICHKINA ONGLASHILMASLIQ» Yaqindag‘ina Andijon suv idorasi (Vod.xoz) o‘zining faoliyati to‘g‘risida ma’ruza bergan. Ma’ruzadan onglashiladurkim, suv idorasi Maskovdan kelgan ulgurji chervonlarni bekorga sarf qilmag‘an, birgina Haqqulobod mahkumining o‘zida allaqancha ish qilg‘an ekan. Demak, suv idorasiga bu ish uchun «balli» demak kerak. Lekin shu ma’ruza ustiga Haqqulobod sho‘ro mahkamalaridan bir qog‘oz kelib tushadur. U qog‘ozg‘a qarasaq, Haqqulobod mahkumida suv idorasi hech narsa qilmag‘an. Qilg‘an bo‘lsa ham o‘z puli bilan emas, yurt puli bilan, yurt kuchi bilan qilg‘an. Mana munda «kichgina»onglashilmasliq bor. Shu onglashilmasliqni bilib, onglab hukm qilmoq uchun ijroqo‘m qoshida alohida bir komissiya tuzulmakdadur. Qani bir oz kutaylikchi, komissiya qanday haqiqatlarni kashf qilar ekan? O‘zi qilmag‘an ishni «qildim» degani uchun suv idorasini ayblarimi yoki ko‘z oldida qiling‘an ishdan bexabar qolg‘ani uchun Haqqulobod hukumat idoralarini qoralarmiz. Har holda shu «kichkina» anglashilmaslikni bartaraf qilar! DEHQONCHILIK SOLIGʻI Uyezdning ba’zi joylarida dehqonchilik solig‘ining unishi sustrak boradur. Ba’zi joylarda soliqni to‘lashga qodir kishilar (qishloq boylari) xayrlik qilg‘ang‘a o‘xshaydurlar. Soliq yig‘ish ishidagi vakil shul to‘g‘rida ijroqo‘mg‘a ma’ruza qildi. Ijroqum uning ma’ruzasi yuzasidan quyidag‘i choralarni ko‘rishga qaror berdi. 1) ijroqo‘mga tobe bo‘lg‘an hamma mahkum bo‘lus, qishloq va ovul mahkamalariga buyurulsunkim, dehqonchiliq solig‘ining 15 nchi yanvargacha bitta qolmay yig‘ilishi ularning javobgarligidur. 2) yana o‘sha mahkamalarga buyurulsunkim, to‘lashdan bosh tortqan boylar va boy dehqonlarg‘a qarshi qattig‘ choralar ko‘rulsun. 3) soliq komissiyasiga ham taklif qilinsunkim, muxlatdan burun ariza (shikoyat)larni tezlik bilan qarab chiqsun. Shu uch moddani amalga qo‘yish shoshilishliq bilan ishlandi. Ikki yo‘qotish So‘nggi yillar, o‘zbek yoshlig‘i, taraqqiyparvarlig‘ining bir muncha cholishqon, pok ko‘ngillik yigitlarini — yer tagi olamiga sudrab olib ketdi. Hammasini bir-bir sanab esdan o‘tkarmak shu choqda mumkin bo‘lmag‘onligi uchun, yuzakigina bir o‘y yurgizish bilan ham A’lamuf, Ismoilzoda, Sultonuf, Sobir G‘afur va boshqalardan chizilg‘on bir qator tegrali sadaf donalarini ko‘rmak mumkin bo‘ladur. Mahmudxo‘ja otamiz bilan Muftizoda Abdirahmon va A’zamjonlar sadaf donalarining imomi bo‘lub ketdilar. Ayniqsa, Mahmudxo‘ja otamiz bilan bir qatorda turg‘on Mirzo Fozil (o‘shliq), tariximizga qaytib ketgan har bir chog‘imizda o‘zini sezdirib qo‘yadir. Vaqti bilan chorning temir qo‘lliq jondori bilan kurashish davrida, shu bir hovuch boturlar, ne samimiy, ne berilgan yigitlar edilar. O‘lganlarning o‘rniga yuzlar, minglar bilan o‘rinbosarlar yetishib, ko‘nglimizga umid yog‘dulari yog‘dirg‘on tunlarda-da ketganlarning xotiralari ko‘b achchig‘ va zaharlik ta’sir etmakdadir. Xo‘qanddan kelgan o‘shandoq yigitlarning biri yona ikki yo‘ldoshning oramizdan yo‘qolg‘onlig‘ini xabar berdi. Yaqin orada Xo‘qand va umuman Farg‘ona yoshlarining katta otalari, bobolari hukmida bo‘lg‘on domla yo‘ldosh Mavlaviy bilan ishlik yoshlardan va taraqqiyparpar shoirlardan Ibrohim (Davron) vafot etganlar. Domla yo‘ldosh Mavlaviy — Turkiston va umuman islom ulamolarining haqiqatga qarshi ko‘r bo‘lishlaridan ta’sirlangani holda o‘zining tabiati asari o‘laroq boshqa yoshlar kabi ular bilan kurashishlikdan ojiz bo‘lg‘onlig‘idan bir chekkaga uzlat qilib, chiqib ketgan olimlardan edi. Ho‘qanddagi «Usuli jadida» harakatiga boshdan-oyoq oralashqon bu muhtaram zot, hur fikrli va rind qalandar bir kishi edi. O‘zi so‘ng choqlariga qadar dars aytishini tashlamag‘on bo‘lsa-da, boshqa ko‘b mudarrislar kabi shu vosita bilan Qorun xazinasini to‘plamoq kabi yo‘lg‘a ham ketmagan edi. Burundan beri yo‘qsul va qashshoqlarcha yashab keldi, o‘lganida ham meros nomiga bir narsa ham qoldirmag‘on. Hatto, o‘zi og‘riq ekan… og‘riqdan tuzalish choralarini ham ko‘rmagan va istamagan. Yurtimizning ilmsizliq orqasida ketib borg‘on yo‘lining oxiri qandog‘ qo‘rqinch ekanini ortiq chuqur tushunar edi. 13—14-yillarda ziyoratiga kirganimda shu masaladan ko‘plab gaplashib o‘lturib «men bu ketishimizdan ko‘b qo‘rqaman», degan edi. O‘shal vaqtdag‘i ahvol va sharoitni yaxshilab bilgan kishilar bu so‘zning dahshatini ko‘b chuqur tushunar edilar. 63 yoshinda vafot etgai bu zot, arab adabiyotining ulug‘ olimlaridan edi, shu adabiyot bahslari ustida «Sho‘ro» muharriri Rizo qozi bilan muhorabasi bor edi. Turkcha (o‘zbekcha) va forscha she’rlar ham aytar she’rda (Jovid) otini qo‘llar edi. Marhum Xo‘qand yoshlari tarafidan sha’niga loyiq bir suratda dafn etilgan va asarlarini tekshirmak uchun yosh ulamolar tomonidan 3 kishilik bir hay’at yuzaga chiqarilg‘on. Ibrohim Davron — (A’zamxon Ibrohim o‘g‘li) 48 yoshida vafot etgan. Bu yigit Xo‘qand yoshlari orasida nashriyot ishlari bilan tanilg‘on bir kishi bo‘lub inqilobgacha Ho‘qandda yangi kitoblar va gazetalarni tarqatar va yozg‘uchilik bilan shug‘ullanar edi. Uning «Milliy jumboqlar» va «Ash’ori nisvon» otliq bosilgan ikki asari bordur. Avvalgisi bizning milliy tobishmoqlarimizni to‘plag‘on bir asar bo‘lub, ikkinchisi o‘zbeklardan yetishgan ba’zi bir shoiralarning she’rlar majmuasi edi. Ulug‘ ahamiyatga ega bo‘lg‘on so‘nggi asari, taassufga qarshi maydonda ko‘rulmaydir. Holbuki, Arbobiy tomonidan tekshirilaturg‘on bir narsa edi. Marhum rasmga ham havaslik bo‘lub, o‘z asarlari uchun rasmlar ishlagan va 1914 yilda Turkiyada ham sayohat etgandir. «Sadoyi Turkiston» gazetasining doimiy yozuvchilaridan bo‘lub, unda she’lar yozg‘uchi edi. (1914). Buda ko‘p yo‘qsulliq bilan o‘lgan. Uning bir juft she’ri esimda qolg‘onkim, o‘qumag‘onliqg‘a qarshi yasalg‘on bu isyon — (o‘z vaqtida) ko‘b katta isyon edi (o‘zicha). «Johil padarim, johil modar esa mutloq Hayron qoluram kufr aylayman orasinda». Ikkinchi Luzon arafasida Erta-indin Luzon konferensiyasi qaytadan ochiladir. Bu ilgarigi Luzonning davomi emas, o‘z boshig‘a yangi bir Luzondir, deb tushunsak to‘g‘riroq bo‘lur. Negakim, bu safargi Luzonning ruhi burung‘isidan xiyla boshqadir. O‘tgan Luzonda sho‘rolar Rusiyasining vakillar hay’ati hozir bo‘lg‘an va bu hol har tomondan katta shovqunlar chiqishig‘a sabab bo‘lg‘an edi. Yaqin Sharq va ayniqsa bo‘g‘ozlar masalasiga sho‘rolar Rusiyasining qarashi bilan yurilgan vaqtda Luzon «kengashchilar» bir seskanishib olg‘an edilar. Endi bu safargi Luzonda hali rusiya vakillari yo‘q. Bu to‘g‘rida na gazetalarda va na teleg‘romlarda hech narsa ko‘rulmadi. Bu bir. Ikkinchi tomondan Rur masalasi uzul-kesil shuning bilan birga nozik va yomon bir yo‘lg‘a kirib ketib davlatlar o‘rtasidagi aloqa va munosabatlarni chayqalashtirib yubordi. Angliya bilan Fransiya o‘rtasida yasama bo‘lsa ham ochiq bir samimiyat yo‘q. Undan keyin birinchi Luzon bilan manavi ikkinchi Luzon orasida o‘tgan uzung‘ina muddat orasida «Osiy turklar»ga qarshi birorta yunong‘a o‘xshag‘an axmoq ko‘mak hozirlanmadi, to‘g‘risi – hozirlamoq mumkin bo‘lmadi. Marij bo‘yiga 80 000 qo‘shun to‘plab qo‘yip «buyruq» berishkagina qarab qolg‘an Yunoniston xo‘jayinlaridan ko‘ngli to‘lmadi shekillik achchig‘ig‘a chiday olmasdan g‘arbiy …..dagi bo‘lg‘an xalqini siqib-ezishga kirishdi. Boshqa ishga yaray olmadi. Anqaraning o‘z ichidan chiqishi kutulgan «ko‘ngilsizlik» (nepriyatnost)lar ham haligi chiqqani yo‘q. Turkiyani zaiflikka, bo‘shashishliqqa ketib borg‘anini ko‘rsataturg‘an biror alomat va ishorat yo‘q. Bo‘lsheviklar rusiyasi bilan bo‘lg‘an do‘stliq aloqasi ham uzilgani yoki hech bo‘lmasa buzulg‘ani yo‘q. O‘zimizdagi iqtisod konferensiyasida «Osiy turklar» sho‘rolar vakilini qattig‘ olqish bilan qarshi oldilar. O‘rtoq Lenin kasal bo‘lg‘anda Turkiya sarkardalari salomatlik tilab teleg‘rom yuboralar. …. ham kasal. Unga hali na xabar, na teleg‘rom yuborilmadilar. Uchinchi yoqdan Turkiya hukumati Amerqoning «Chistir» shirkatiga bir muncha imtiyozlar bermak bilan Luzonda ittifoqchilarg‘a qarshi kuchlik va boy bir raqib hozirlab qo‘ydi. Turkiya hukumati «Chistir» shirkatiga imtiyoz beraturg‘an bo‘lsa Omeriqo unga Luzonda siyosiy yordam va’da qiladir degan bir xabarni gazetalarda o‘qub edik. 19 aprelda chiqqan gazetamizda «Ameriqo tomonidan Luzong‘a vakil qilib Chaul va admiral Pristul degan kishilarning belgilanganliklari» xabar berilgan edi. 20 apreldag‘i sonida esa: «ul Omeriqo vakilining Luzong‘a borishdan maqsadi – shirkatning olg‘an imtiyozlarini mudofaa qilmoq» bo‘lg‘anini xabar berdik. Demak berilgan imtiyozlarning muhim bir qismi – asl Turkiyaniki bo‘lub-da hozir Angliya qo‘lida turg‘an Musl viloyatida bo‘lg‘an uchun rasman imtiyozlarni mudofag‘a qolg‘an Omeriqo haqiqatda Turkiyani mudofaa qilg‘an bo‘lib chiqadir. Bu ish Angliya bilan Fransiyaning haddan tashqari o‘sub ketgan g‘ururlarig‘a katta bir zarba bo‘lib ularni bir muncha yumshatsa ehtimoldir. To‘rtinchi tomondan Lo‘zong‘a boraturg‘an Turkiya vakillari hay’ati-ning boshig‘a siyosatda bir oz bo‘shanglig‘i ko‘rulgan Ismat poshsho o‘rniga bu safar do‘qtur Rizo Nuribek qo‘yilg‘andirkim bu-da Turkiyaning Luzondag‘i mavqei bu safar boshqacha bo‘lishini ko‘rsatadir. Bularning ustiga Sulaymoniya voqeasi munosabati bilan yozg‘an maqolasida hozirg‘i vaziyatga juda opg‘aliq (hushdorliq) bilan qarag‘an Onato‘lidag‘i «Yangi kun» gazetasining fikrini qo‘shsaq bu kungi Turkiyaning Luzondag‘i mavqei va umuman yangi Luzonning umumiy shakli bizga ochig‘roq ko‘rulgan bo‘ladir. «Yangi kun» yozg‘an edi: «Bir tomondan Lo‘zon konferensiya»siga vakillarimizni yuborib qo‘yib ikkinchi tomondan tinch xalqimizni urdirishg‘a yo‘l qo‘ya olmaymiz. Qo‘shunimiz qurol ostida: Muslni yodimizdan chiqarg‘animiz yo‘q. Ish boshlandi Eski Toshkent ijroqo‘mi so‘ng vaqtlarda chindan-da o‘zbek maorif va madaniyat ishlarining mushfiq otasi bo‘lub boradir. Davlat va mamlakatning shu pul buxroni vaqtida maorif-madaniyat ishlarimiz hukumat ta’minotidan chiqib borayotqani bir zamonda, eski shahar ijroqo‘mi qo‘lidan kelgan har bir yo‘l bilan shu ishlarning oqsamay borishig‘a, balkida, yuksalishiga tirishmoqdadur. Yaqinda ijroqo‘m qoshidag‘i maktablarga yordam komissiyasi tomonidan ijroqo‘mning o‘z binosida katta bir kecha yasalib, munda manavi tashqiqotdan tashqari bir muncha moddiy foyda ham hosil etildi. Bu kechaga ijroqo‘m tomonidan butun moddiy va ma’naviy ko‘maklar ko‘rsatilganligidan bu kecha shaharimizda so‘ng vaqtlarda yasalg‘an kechalarning hammasidan ham muvaffaqiyatli chiqdi. Turkiston jumhuriyatining markazi bo‘lg‘an Toshkentda shu choqqacha birgina o‘zbek tiyotr to‘dasi bo‘lib, uning ham bitta dekaratsia jihoz va boshqa ko‘b jihatlardan qanday yomon holda bo‘lg‘anlig‘i gazetamizda necha martalar yozilg‘an edi. Oxirda bu ishga ham eski shahar ijroqo‘mi jiddiy ahamiyat berdi va o‘zining yaqinda bo‘lg‘an rayosat majlisida Hamid Sulaymon o‘rtoqning shu turidag‘i ma’ruzasini tinglag‘andan so‘ng quyidag‘i qarorni chiqardi: 1) eski shahar davlat turuppasini bir muncha vaqtqacha qanday yo‘l bilan bo‘lsa-da ijroqo‘m hisobidan ta’min qilib turishg‘a; 2) truppaning o‘yunlaridan tushgan tushimni shu muddat ichida faqat o‘zining sahna kam-ko‘stlari uchun sarf qildirishg‘a; 3) hozirg‘a dekaratsia, jihoz va boshqa narsalar uchun shoshilish o‘laroq 6 yuz ming so‘m (olti miliard) pul berishga, maorif shoʻbasiga, qo‘lidag‘i tiyotrga keraklik muyumlarni bepul tiyotr uchun bersin deb buyuruq qilishg‘a; 4) Tiyotrning burung‘i va so‘ngg‘i butun ahvolini saqlash, madoxillarini yaxshilab tejash va ham turuppani o‘zini ta’min qilish (samoopravadaniye)ga qarata olib bormoq uchun Muhitdin Usmoniy bilan Hamid Sulaymon o‘rtoqlarni mas’ul vakil qilib belgilashga. Bu qaror, boshqa ko‘b qarorlar kabi qog‘oz ustida qolmasdan, qat’iy bir yo‘l bilan yuzaga chiqib kelmakdadur. Ijroqo‘m vakillarining tashabbusi bilan hozir qishloq «Turon» tartibga qo‘yilmoqda. Uning sahnasi uchun bir qancha yaxshi deklaratsialar ishlatilmakda va jihozlari bilan to‘ldirish uchun harakat qilinmoqdadir. Ijroqo‘m vakillari sovub ketmasdan shu yo‘lda ishlay bersalar, nihoyat eski Toshkent xalqi markaz bo‘lg‘udek nafis bir tiyotr – tomoshagan ega bo‘la olg‘usidur. Ish vaqti – ishlash vaqti Muhtaram Xontolishskiy janoblarina! Rusiya katta. Rusiya, unda yashaydigan ko‘b milyunlar xalq 300 yillik og‘ir bir tojni tagidan zo‘rg‘a qutuldi. Bir odamning qo‘lida taqdiri o‘yunchoq bo‘lub yurg‘an ko‘b milyunlar xalq zolimning qo‘lidan taqdirini tortib olub, o‘zi idora etmakka boshladi. Zulmning eng og‘irini tortqon ruslardan keyin eng ko‘b bo‘lg‘an ilmiy va madaniy jihatdan Rusiyadagi hamma qavmlardan keyinga qolgan musulmonlar uchun bu voqea ikkinchi bir yaratilish, ikkinchi bir tug‘ilish, ikkinchi bir dunyoga kelishdir. Yuqorida aytilgancha, ilmiy va madaniy kuchka juda faqir va kambag‘al bo‘lg‘an musulmonlar bukungi kunda o‘zlariga berilgan, o‘zlarining milliy va madaniy ishlarig‘a yo‘l ochadirg‘an bir qancha huquq va pravolarin eblab joylab ola olurlarmi? Bu savolning javobini o‘zum qisqagina berib o‘taman: Rusiya musulmonlari o‘shal huquq va pravolarni saqlab qolub, ishlata olurlar shul vaqtdaki, uning hamma ziyoli yoshlari o‘zlariga bukungi kunni «Ish vaqti – ishlash vaqti!» deb shior qilib olsalar. Shukrlar bo‘lsun ulug‘ Tangrig‘aki, musulmon yoshlarining hammasi deyarlik boshqa vatandoshlari, birodarlari kabi yuqoridagi qisqa, faqat ma’nosi uzun tiriklikdan iborat bo‘lg‘an so‘zni shior qilib oldilar. Kecha-kunduz tinmasdan o‘zlarining xususiy ishlarini tashlab, bo‘yinlariga 5 – 6 turli ish olub, shul shiorni ketidan quvlab ketdilar. Bu endi hozirgi kunning oq tarafi! Bir tarafda ko‘b emas, ozg‘ina qora tarafi ham bor. Ul qora katta daryo ichida kichkinagina bir qurug‘likday, keng va ko‘kmak osmonda bir parcha bulutday bo‘lsa ham, zamon va ahvolning taqozosi shiorning «Ish vaqti – ishlash vaqti!» bo‘lushi ul kichkina qurug‘likni daryog‘a yoki ul kichkinagina bulutni ko‘kmak keng osmong‘a qo‘shishni lozim qiladir. To‘g‘ri, keng, ko‘kmak osmonda mayda bir bulut keng va ko‘z yetmaslik daryo ichida kichkinagina bir qurug‘liq, minglarcha g‘ayratlik ishchi-mardikorlar ichida birgina xushyoqmas, yolqov ishsiz mardikor qolmasun! Chunki zamonamizning shiori a’lami (bayrog‘i): «Ish vaqti – ishlash vaqti!» Petrograd, Maskov, Qozon, Ufa, Urunburg‘, Toshkand, Boku, Tiflis va boshqa har bir shaharlardagi musulmonlar, olarning g‘ayratlik yoshlari «Hurriyat oyim» betlaridagi qora chimmat – zulm va istibdod pardasini olub tashlab, hamma olamni ko‘ziga «Adolat va musovot hamma millatlarning milliy o‘sishlariga keng yo‘l!» degan muborak, pok siynasidagi yozuvni ko‘rsatib chiqqandan beri o‘zlarining xususiy tirikchiliklarini tamom tashlab, «oyim»ning sochqon gullarini terishga, ulardan ko‘chatlar olub, millat bog‘chasining muborak, pok siynasiga o‘tquzushka urundilar. Muharrir qalamini, shoir she’rini, mudir idorasini, muallim o‘qutishini, artist o‘yunini bir necha kunga tashladi. Yugurib, chopib ketdi «oyim»ning muborak gullarini terishka! Bu orada qofqosiyali artist Xontolishskiy janoblari atrofiga bir necha «artist»larni to‘plab tiyotr o‘ynab yurubdur. Ajabo! Durust, tiyotr degan narsa – sanoyi nafisaning eng oliy qismi. Ulsiz bir millatni bor deb bo‘lmas. Madaniy millatlarning o‘sish darajalarini bilmak uchun tarozuga solinganda tarozuning o‘rtasida yarqirab turadurg‘an sanoyi nafisa va uning bir qismi bo‘lgan tiyotr. Bir millatda mukammal ul sahna, tiyotr olami yo‘q bo‘lsa, ul millatni «Er yuzida bo‘lmasun!» degan fikr Ovrupoda xiyli kuchlik. Ammo shul narsani vujudga keltirish uchun keng huquqlik milliy va madaniy o‘sishig‘a hech bir mone bo‘lmaydirg‘an bir millat bo‘lish kerak. Holbuki, biz, musulmonlar, va, balki, butun Rusiya ilgari shunday emas edik. Uning maktabiga, madrasasiga, tiliga, muzikasiga, tiyotriga urulib turg‘an og‘ir bir zarba bor edi. Biz maktab ochdik – bekitdilar. Madrasalarimizni isloh qilishka yo‘l bermadilar. Tilimizga «balo» aralashdirmakchi bo‘ldilar. Muzikamizni taraqqiy qildirishka yo‘l bermadilar. «Padarkush» degan tiyotr o‘ynaganlarni «oxran»larda sudradilar, hosili milliy va madaniy o‘sishimizga og‘ir zarbalar tushirdilar. Hozirgi vaqt mazkur zarbalarning o‘rniga keladirg‘an «doru»larni tanlarga, siynalarga yaxshi joylab olish vaqti. Bukunda ishlangan va ishlanadirgan ishlar keladirgan zamondagi tiyotrga keng bir zaminiy toshday bir fundament bo‘lur. Durust, Xontolishskiy yaxshi bir artist, ondan umidim ko‘b, orqasidagi «artist»lar ham, ehtimol, durustdirlar. Ammo hozirgi o‘ylanib turgan «huquq va pravolarni joylab olish» nomlik minglarcha pardalik dramdan ro‘l olmag‘an artist, to‘g‘risi, «orsiz»dir. Xontolishskiy janoblari kelub hozirgi dramadan ro‘l olsun. Ishlasun! Ergashganlarini ham ishlatsun! Millatning bog‘iga, uning muqaddas siynasig‘a «oyim» tarafidan sochilgan gullarni o‘rnatsun, o‘sdirsun! Keyin kelsin tiyotrni taraqqiy ettirishka! Man va manim butun birodarlarim ham suyuklu millatim yordamg‘a hozir. Kelingiz, birodarlar! Bukung‘i kunning shiori, bayrog‘i: «Ish vaqti – ishlash vaqti!» Ish vaqtida gap Tasodifiy bir ish bilan Anjan moliya shoʻbasiga kirdim, bi oz soliq to‘lasak kerak edi. Soliqni kassaga tez topshirdim, lekin, pulning oling‘anlig‘i to‘g‘risida berilaturg‘an sanadni juda cho‘zub berdilar. Birgina shu sanad uchun 1,5-2 soat turdim. Mahkamada ish ish bilan kelganlar oz ko‘rundilar. Demak, ish ham ko‘b emas edi. Ish ustallarining ko‘pi bo‘sh ko‘rundi, ishlaguvchi yigitlar va xonimlar uyoq-buyoqda yurdilar. Sanad yozaturg‘an o‘rtoq qarshisidag‘i yigit bilan gaplashishdan bo‘shamadi. Moliya shoʻbasida bekar o‘tgan umrlaridan shikoyat qilg‘anlar ko‘b bo‘ldilar. Ayniqsa, Eski shaharning narigi chekasidan – yiroqdan kelganlar ko‘b qiynaladirlar. Kimga tekish bo‘lsa shu “ish o‘rniga gap”ni bir oz tekshirib qo‘ysin! Ishchi teatrining mahorati O‘zbekiston xalq maorif komissarligi qaramog‘idag‘i davlat asosiy dram teatrusining bir bo‘lagi bo‘lib, ko‘chmanchi ishchi teatri 29-30 nchi yildan boshlab ishga kirishgan edi. Bu teatrning ish davrida ayniqsa Buxoro, Termiz shaharlaridagi tajribasizliklari, yangiliklari natijasida kelib chiqg‘an juz’iy kamchiliklar haqida matbuot sahifalarida so‘zlanib kelindi. Teatr ichidagi bir qism umidli yoshlar bu tanqidlarg‘a jiddiy e’tibor qilib, teatrning kamchiliklarini tuzatishga harakat qila boshladilar. Teatr ichidagi tashkiliy, ommaviy, hayotiy, tarbiyaviy kamchiliklar bir tomondan tugatila borg‘an bo‘lsa-da, ikkinchi tomondan teatr boshig‘a qora bir kun tug‘a bordi. U ham bo‘lsa, teatrning butun hayot-mamoti davlat asosiy teatrning bevosita rahbarligida bo‘lishi, ayniqsa teatrning boshqaruvi o‘taketgan jinoyatchi Qosimxo‘jayevning qo‘lida bo‘lishi. Qosimxo‘jayev ishchi teatrining boshlig‘iligini nazarda tutmadi. Uni o‘sdirish uchun choralar ko‘rmadi. Balki, uning kuchidan foydalandi. Asosiy dram truppa xizmatchilarining oylig‘ini o‘z vaqtida berganida ishchi teatri xizmatchilarining oylig‘ini 2 oylab cho‘zdi. Bularni qishloqda och-yalang‘och qolishig‘a sababchi bo‘ldi. Qosimxo‘jayev bu truppa haqida nima qildi deng? Qosimxo‘jayev O‘zpaxtasoyuz bilan 60 kunda 60 ta teatr qo‘yib berish sharti bilan shartnoma tuzishdi. Bundan 25 ming so‘m pulni olib “Esing bo‘lsa bu yerda turma” dedi-da Maskavga qarab jo‘nab qoldi. Bu shartnomaning bo‘lishin teatr xizmatchilariga hech kim tushintirmadi. Hatto tanaffus choqlarini ham eslariga oluvchilar bo‘lmag‘ani qiziq hol. Shu ahmoqona shartnomani kollektif xizmatchilari bajardimi, yo‘qmi? Teatrning umidli azamatlari “Ishlasak o‘shal bezbetning sharafiga ishlamas ekanmiz, hozirg‘i davrimizning jon tomiri bo‘lg‘an kolxoz, sovxoz ommalari uchun ishlar ekanmiz, u bilan bo‘lsa tegishli joylarda hisoblashamiz” deb qiling‘an shartnomani tanaffussiz bajardilar. Qosimxo‘jayev yomonliq bilan qanoatlanmay zayom to‘g‘risida ham teatrni o‘tdek kuydirdi. Teatr xizmatchilari uchinchi sana zayomig‘a 5080 so‘mliq yozilg‘an edilar. Shu puldan 3800 so‘mni na bankaga va na boshqa yerga topshirmadi. Shu sababdan teatr xizmatchilari haligacha abligatsiyalarini qo‘llarig‘a olg‘anlari yo‘q. Shunday bo‘lsa-da teatr xizmatchilari “5 yilliqni to‘rt yilda” zayomig‘a bir yarim oyliqdan yoziluvg‘a qaror qildilar. Teatr Termizga borg‘an vaqtda Qosimxo‘jayev ekin kampaniyasini o‘tkazish kamissiyasidan qishloqlarg‘a chiqib teatr qo‘yib berish uchun deb 4 ming so‘m olg‘an edi. Bu narsadan teatr xizmatchilarini ogohlantirmasdan urra qochib qoldi. Natijada bir necha qishloqlar teatrsiz qolib, yomon otg‘a teatr qoldi. Ishchi teatri Toshkentga kelib tek yotmasdan 2-3 teatr qo‘yib berdi. Bu teatrlarni ko‘rgan kishi kollektif xizmatchilariga umid bog‘lay oladi. Markaziy sanoye’-nafisa soyuzining yaqinda bo‘lg‘an majlisida teatrning ko‘rsatgan xizmatlari ayrim teatrning 30-31 nchi yil teatr mavsumida alohida ayrim ma’muriyati, ayrim xo‘jalig‘i va budjeti bilan davlat asosiy teatridan ajratishni lozim topdi. Shuning oxirida Qosimxo‘jayevning yana bir marta ta’kidlab, aloqador idoralarning diqqat bilan qarashlarini kutamiz. Yana bir zarur mas’ala, kollektif xizmatchilari o‘rtasida siyosiy tarbiyani kuchaytirish, bu yilg‘i o‘ynayturg‘an asarlarni saralash lozim. Istakli muharrir o‘rtog‘im! (Boshqarmaga xat) Yaqinda menim bir daftarcham (tetrad) yo‘qoldi. Qog‘oz muqovalik ul daftarchaga so‘ng vaqtda yozg‘an she’rlarimni yig‘ib ko‘chirgan edim. Agar yanglishmasam, u daftarchada “O‘ynamoq va kulmak istar ekan”, “Qish oldida”, “Qora ro‘mollikka”, “Echki o‘ynatquchi qizg‘a” nomlik she’rlarim bor edi. Shuni ko‘rgan, bilgan o‘rtoqlar bo‘lsa, o‘zimga qaytarmoqlarini so‘rayman. Shuning yo‘qlig‘i ikkinchi she’rlar majmuasining chiqmaslig‘ig‘a sabab bo‘lub turadir. To‘la ehtirom bilan, Istiqbol uchun kurash Bizning keng va ulug‘ tariximiz shu qadar oz va kam tekshirilgan, kovlangankim, shu kunda bo‘lub turg‘an juda ko‘p voqealarning o‘xshashini o‘tkan zamonlardan kechkan hayotimizdan topmoqchi bo‘lsak, shoshib qolasan. Bir voqeaning o‘tkan zamonda o‘xshashi bo‘lub-bo‘lmaslig‘i ul voqeaning ahamiyatini o‘lchashda ko‘b katta vazifa yuklar. «Qizil bayroq»ning so‘ng sonlaridan birida Ovrupog‘a o‘qumoq maqsadida bir o‘zbek qizining ketmakka hozirlanganlig‘i yozilg‘andir. O‘zbek qizi hanuz yangi usul maktablarga hali yolchib kira olg‘ani yo‘q. Hatto o‘zbekning o‘zida pardasi, xohishi-da kishani bo‘lmag‘an erkak bolalari ham yuqori maktablarining muhtasham sahnalarida ko‘plashib yura olg‘ani yo‘q. Hali o‘zbek qizi ota-onaning tilsiz qo‘g‘urchog‘i bo‘lishdan qutula olg‘ani yo‘q. Biz so‘ng vaqtlarda o‘zbek yoshlarining uzoq ellarga, yot yurtlarga ketib bilim ortdirmoq uchun juda qizib borg‘anliqlarini ko‘rub sevinmakdamiz. Har biri o‘z boshicha tirishmasdan boshlarini bir borag‘a to‘plab, «ko‘mak»lashish yo‘li bilan ishlab turg‘anliklarini bilib turamiz. Lokin bu hol o‘tkandagi voqealarning takror etilmagidan iboratdir. Yiroq zamonlardan boshlab to yaqin kunlarga qadar o‘zbek yigitlari (mullabachchalar) Buxorog‘a, Hindistong‘a, Misr, Arabistonlarg‘a qadar borib o‘qug‘anlar edi. Buxoro madrasalari o‘zbek – turkistonlik yosh mullabachchalar bilan to‘lar edi. Turkistonning Sirdaryosi va Farg‘onasi uchun ul vaqtlarda Buxoro ham hozirg‘i Yaponiya va Amriqo qadar uzoq edi. Hozir Amriqo bilan Yaponiyag‘a qadar yotib, o‘lturub eson-omon ketmak mumkin. Ilgari vaqtlarda Samarqand bilan Buxoro orasi ham hozirg‘i davri olam qilishdan og‘ir edi. Shunday bo‘lsa-da, Buxoro, Turkiston mullabachchalarini sonlari juda ko‘b bo‘lg‘an madrasalariga sig‘dira olmasdan, masjidlarigacha tarqatmoqqa majbur bo‘lur edi. Arabistonning do‘zax havosida bedovlari kabi yolg‘iz hurmayib yotqan o‘zbek Turkiston yigitlari xiyla ko‘b yo‘liqar edi. Kechirgan kunlarimizdagi ul harakatlarimizning natijasi to‘g‘risida gapirmak istamayman. Tarixdagi bir voqea va shu kunda qaytadan takror etilmakda bo‘lg‘an bir voqea bo‘lg‘anlig‘i uchun eska olibg‘ina o‘tmakchi bo‘laman. Bu harakat hozir takror etilmakdadir. Kechikib, keyin qolib bo‘lsa-da kuchlik suratda boshlanib kelmakdadir. Bu harakatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aralasha olmag‘anlarning vazifasi vosita bilan bo‘lsa-da ko‘mak bermoqdir. Bu hol bizning kelgusimiz uchun katta umidlar berganligini unutmaylik. Chor hukumati vaqtida Ichki Rusiya musulmonlarini cho‘qintirmoq ishida Rustami zol (Rustam zol) bo‘lg‘an, bizning ma’lum Ostroumo‘f to‘ramizning ustodi sanalg‘an mashhur Ilminskiy cho‘qintirish siyosatining biri bo‘lg‘an mashhur Pobedonosufga yozg‘an xatida yerlik xalq orasidan bizning uchun foydalik va hech bo‘lmag‘anda zararsiz kishilar o‘ruscha tilni tutulib, uyalib gapiraturg‘an, o‘ruscha yozg‘anda birmuncha xato bilan yozaturg‘an, bizning gubernato‘rimizdan emas, hatto ustol boshlig‘i (mirzo)mizdan ham qo‘rqaturg‘an kishilardir degan edi. Munga qarshi biz rus tili bilan emas, hatto Ovrupo madaniy millatlarining tili va bilimi bilan javob bersak odam qatori yashamoqqa albatta haq qozonadirmiz. Endi bu ezgu harakatga tariximizda ko‘ra olmag‘animiz – bu narsa qo‘shulsa, ya’ni o‘zbekning erkin yigitlari emas, tutqun qizlari ham Ilminskiy vasiyatiga qarshi isyon boshlasa, o‘zi uchun eng oliy bo‘lg‘an elidan, ota-onasidan kechib necha ming chaqirim yerga ketsalar, odam qatori yashash haqqini turtki yemasdan, urulmasdan, so‘kilmasdan ko‘b ko‘rush huquqini ortig‘i bilan qozona olamiz. Eski turmush o‘lim to‘shagida. Yigitlarimizning chin bilimga qarab bu intilishlari eski turmushni bir oz avval yerga ko‘mgusidir. O‘zbek xotun-qizlari huquq va erk uchun kurash boshlamoqda. O‘zbek qizining G‘arbga, G‘arbning chin bilish, chin madaniyatiga qarab yurushi uning haq-huquqini butun elning haq-huquqi bilan birga tez va tez fursatda qo‘lg‘a keltirgusidir. Jiddiy choralar Soliq yig‘ish ishida shu qadar jiddiy sabablar bor. Mahalliy ijroqo‘m shu sabablarni ko‘rub turub ham yana soliq yig‘ish ishiga jiddiy ahamiyat bermakdadur. Yaqinda shu soliq yig‘ish ishiga beparvoliq qilg‘anlari uchun 7 ta bo‘lijroqo‘m, bitta rayijroqo‘m raislari 5 kundan qamoqqa olindilar. Mundan boshqa ham yana butun kuchni shu yo‘lga sarf qilib, shu ishni tezroq bitirish choralari ko‘rulmakdadur. Joylardag‘i mablag‘lar So‘ngg‘i bir-ikki yil orasida hukumatimizning yurguzib kelgan siyosati hammamizga ma’lum. Shu bir-ikki yil ichida eng ko‘b ahamiyat berilgan narsa xo‘jalik va moliya ishlari bo‘ldi. Yangi iqtisod siyosati nomi bilan yurguzilgan va mamlakatni buzg‘unlikdan qutultirish maqsadiga taqalg‘an bu siyosat juda zo‘r g‘ayrat va matonat bilan o‘tkazildi. Bu yo‘lda do‘st va dushmanning hech bir gap-so‘ziga qaralmadi. Natijada mamlakatning kundan-kun tuzalib, obod bo‘lub borganlig‘ini ko‘rub turamiz. Har kun degunday ko‘b vaqtlardan beri ishdan to‘qtab turg‘an bir zavud yo bir fabrikaning ochilib, ishka boshlag‘anlig‘i xabar beriladir. Ayniqsa, moliya siyosati, ya’ni pul-mol ishlari o‘tkur va intizomli bir doiraga olmoqda, bu yo‘lda ahvol va vaziyatni tubdan mahkamlayturg‘an har bir chora va tadbir ko‘rulmakdadir. Mamlakatning umumiy obodonlig‘i uchun tutulg‘an bu siyosat, albatta, hayotimizning ko‘b tomonlarig‘a turg‘unlik va sustlik ham keltirmakdadir. Ayniqsa, maorif ishlari bu siyosat orqasida juda qiyin bir kunga qoldi. Buni sho‘rolar maorifining otasi bo‘lg‘an o‘rtoq Lunacharskiy ham markaz gazetalarida «maorif ishlari tahlikada» degan ta’birlar bilan bir necha martaba e’lon qildi. Maorif ishlariga burung‘iday «ola ber, qila ber» usuli bilan hadsiz-hisobsiz pul sochish yo‘q bo‘lub, unlar uchun ham juda siqib-tortib mablag‘ (sredstvo) berila boshlag‘andan keyin, tabiiy, bunday turg‘unliq va susayishlik bo‘lmasdan mumkin ham emas edi. Ichkari Rusiyada madaniyat va maorif ishlariga yuz yillardan beri kuyikib kelgan bir yerda bu turg‘unliq va sustlikni yo‘q qilish choralari ham topildi. U yerda yangilik va eskilik fikrlaridan ori bo‘lung‘an xalq o‘z bolasi uchun kerak bo‘lg‘an bilim va hunarlarni o‘zi topib, o‘zi olib bormoqdadir. Endi bizning Turkistonga kelsak, ish butun boshqa: bunda davlat ta’minoti doirasiga kirgan bilim muassasalari (masalan, internatlar) ham o‘qug‘uchi bola yo‘qlig‘idan turg‘unliq kechirib turadilar. Davlat ta’minotidan chiqqan bilim muassasalari bo‘lsa to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlarini quliplash majburiyatida qoladirlar. Masalan: Eski Toshkentda bir necha yildan beri davom etgan markaz rasm maktabi davlat ta’minotidan chiqarilg‘anlig‘i orqasida bir kun yopilib qolg‘an. Uning shogirdlaridan birisi menga yo‘luqub: «Gazeta va jurnallar uchun kerak bo‘laturg‘an rasmlar va hajviy suratlarni maktab talabalariga berilsa ekan», – deb iltimos qilib o‘tdi. Davlat tomonidan yetkulik ta’min etilmayturg‘an milliy musiqiy maktabi ham yopilar chog‘da «hamiyat va g‘ayrat qo‘zg‘ataturg‘an ziyofat» yasash orqasida hali hozirg‘a o‘z borlig‘ini saqlab qoldi. Bu markazda! Endi o‘lkaning boshqa shaharlariga kelsak, unda ahvol yana ham og‘irdir. Samarqanddagi birdan-bir o‘zbek bilim yurti joydag‘i mablag‘ (mestnoye sredstvo) ta’minotiga o‘tkazilgan. Shu munosabat bilan ul bilim yurtining ham yopilar-yopilmas bir holg‘a kelganligi ko‘ruladir. Albatta, hukumat boya aytgan yangi siyosat orqasida ko‘b bilim muassasalarini o‘z ta’minotidan chiqarsa ham, ularni butkul ko‘chaga irg‘itib tashlagani yo‘q. Balki har joyning o‘zidagi biror iqtisod muassasasiga bog‘lab, shuning bilan joylardagi mablag‘lar ta’minotiga o‘tkardi. Faqat ishning og‘ir va qiyin jihati shundadirkim, mahalliy mablag‘lar deyilgan pul-mol manbalari (iqtisod sho‘rolari, kommuna shu’balari, vaqf idoralari)ning ishlari juda buzuq, chatoq va chuvalgandir. U muassasalar bo‘yunlarig‘a qo‘yulg‘an bilim muassasalariga yordam bermak bir tomonda tursun, o‘zlarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri qilaturg‘an ishlarini ham to‘g‘rilab yubora olmaydirlar. Shuning uchun bizga achchiq ko‘rungan bir narsa bor: hali o‘z ishlarini kerak qadar gullata olmayturg‘an joylardag‘i mablag‘ muassasalariga ishonib maorif ishlarini o‘zlariga topshirish yerlik xalq maorifini so‘ng daraja og‘ir bir holg‘a keltirish demakdir. Turkiston jumhuriyatining markaziy idoralari bu ulug‘ muassasalarni tushunub, bir tarafdan, yerlik xalq bilim muassasalarining ta’minoti uchun naqadarroq va hozirroq manbalar topishlari, ikkinchi tomondan, haligi mahalliy mablag‘ manbalarini eng yaxshi yo‘lg‘a qo‘ymoq uchun jiddiy choralar ko‘rishlari tegishdir. Juda foydalik kitoblar Hozirgi zamonda bizga eng keraklik kitoblar: boshlab maktab kitoblari (darsliklar)dur. Xalqimizda bilimga rag‘bat ortib, yangi maktablar ko‘paygan sari maktab kitoblariga juda zo‘r ehtiyoj seziladur. U ehtiyojni daf qilish yo‘lida bizning Turkiston davlat nashriyoti (hozir: O‘rta Osiyo davlat nashriyoti!), gapning to‘g‘risi, juda oz ishladi. Xunuk va yanglish bosilishda bir-biri bilan poyga qo‘yushaturg‘an bir necha darsliklar dardimizga hech shifo bo‘lolmaydur. Eng zarur ehtiyojimizni to‘ldurush, ya’ni darsliklar tayyorlashda muncha sust ketkan davlat nashriyoti, ikkinchi bir extiyojimizni to‘ldurushda ham bu choqqacha durustgina bir narsa ishlay olg‘ani yo‘q. Ikkinchi ehtiyojimiz deganim – xalq, ayniqsa, qishloq xalqi uchun keraklik narsalardan oson til bilan gapuraturg‘an yengil, kichkina risolachalarga bo‘lg‘an ehtiyojlarimizdur. Mana buning ahamiyati ham, umumiy xalqning maktab va kitob kabi narsalardan yiroq turg‘ani ko‘zda tutilg‘anda, avvalgi ehtiyojdan uncha ham keyin qolmaydur. Yaqinda boshqarmamizg‘a 7 ta mayda risolacha keldi. U risolachalar “Turkiston siyosiy ong-bilim tarqatish qo‘mitasi”ning harakati bilan Turkiston davlat nashriyoti tomonidan bostirilg‘an xalq uchun eng kerak va zarur narsalardan sodda va oson o‘zbek tili bilan gapiraturg‘an u kitoblar “qishloq adabiyoti”ning 21-, 22-, 23-, 24-, 25-, 26- va 28-bo‘laklaridan iboratdur. Bu raqamlardan ko‘rinadurkim, bu xil asarlarning bosilg‘an va bosilmag‘an yana birmuncha juz’lari bor. Biz qilg‘an juz’larining ham tezroq bosilib chiqishini umid qilmoq bilan birga u 7 risolachaning ismlarini quyida ko‘rsatib o‘tamiz: 1 – Otlarda qichitma kasali (Dezdirov asari). 2 – Ipak qurtlarini qanday boqish kerak (Sokolskiy asari). 3 – Echki (Esgibinov asari). 4 – Uy hayvonlarida yuqumliq kasallar (Arxipov asari). 5 – Sabza va mevalardan foydalanish yo‘llari (Eshteynberg asari). 6 – Sutlik sigirni tanlash (Kalontar asari). 7 – Turkistonda boqchachilik ishida qisqacha qo‘llanma (rahbarlik) (Bazarkin asari). Tarjuma qilg‘uchilarning ismlari yozilmag‘an. Risolachalar kichkina hajmda, ko‘proq 20 – 25 betlik bo‘lub, oralarida 72 va 127 betliklari ham bor. Bu risolachalar to‘g‘risida umumiy bir mulohaza yozishni boshqa vaqtg‘a qoldirib, hozir butun “Qo‘shchi” soyuzlari, batrak seksiyalari, siyosiy maorif idoralari, qishloq ijroqo‘mlari va, ayniqsa, qishloqlardag‘i qizil choyxonalarga u asarlarni tezroq oldirib, xalqqa baland ovoz bilan har qayerda o‘qub, tushunturub bermaklarini tavsiya qilarmiz. Juda yaxshi ish Toshkand uyazining ijroqo‘mi uyazda bo‘lg‘an buzuqliqlar bilan kurashish to‘g‘risida juda yaxshi ishga kirishdi. Poraxo‘rliq bilan kurashish kamisiyasiga ko‘b arizalar keladur. Kamisiya ko‘b kishilarning ishlarini davlat prokurorligiga topshirg‘an. Buning orqasida mahalliy ijroqo‘mlar ishga juda yaxshi qaray boshlag‘anlar. Butun Toshkand uyazida bo‘lub turg‘an buzuqliqlar va ular haqida hukumatning etib turg‘an choralari oz bo‘lsa ham gazeta betlarida yozilib turadur. Ammo boshqa uyazlarda ishlar qandaydur, bu to‘g‘rida gazetalar hech yozmaydurlar. Boshqa uyazlarda shunday yaramas buzuqliqlar juda ko‘b bo‘lsa kerak. Bu to‘g‘rilarda gazetaga yozib turilsa, o‘rnig‘a tushub qolar edi. Toshkand uyazi to‘g‘risida gazeta juda yaxshi ro‘l o‘ynamoqdadur. Bu ish birinchidan hukumat oldida turg‘an bo‘lsa, ikkinchi tomondan o‘shal yerdagi gazeta muxbirlari bilan firqa a’zolarining vazifasidur. Katta dushmanimiz yiqildi Kechagi gazetamizda Amriqo tashqari ishlar idorasining boshlig‘i Yuzning o‘z o‘rnidan iste’fo berganligi haqida xabar yozildi. Yuz kim edi? Kengashlar Rusiyasining yashashini ko‘ra olmag‘an, boylar dunyosining xizmatchilaridan biri bo‘lib, kengashlar ustiga bo‘htonlar yog‘dirish yo‘lida usta bir muttaham edi. U janob bu kun “xususiy istirohat” uchun ish boshidan ketadir. Boylar dunyosining “xodimlari” ishchilar dunyosi bilan kurashda o‘z maqsadlarini yuzaga chiqara olmasa-da topadurg‘an bahonalaridan bu ham biridir. Kengashlar hokimiyatini qaysi bir Ovrupa davlati tanishlikka qadam bossa, u davlatning harakatiga yo‘l qo‘ymasliq yo‘lida ko‘rgan choralari hali Rusiya ishchilarining esidan chiqmaydir. Lekin, u harakatlari uning dunyosi uchun natija bermadi. Bizni Ovruponing hamma davlati tanidi. Endi Yuz ketishi bilan bu kundan boshlab Amriqo bizni taniydirmi? degan so‘roqqa kelganda bizni tanishg‘a tarafdor bo‘lg‘an senator Yuzning ta’siri o‘sib, ikkinchidan Amriqo ishchilarining orasida bizga muhabbat ortqan sari, bizni tanish yaqinlashg‘usidir. Bu muhabbatning bizning tomonda ekanligiga 2 nchi baynalmilalning qong‘resida bizga qarshi harakat rejasi qabul etilmaganligi ham shohiddir. Tarix bizning uchun ishlamakdadir. Yuzlarning yirtqich siyosatlarining natijasi chiqmag‘anda “tinch istirohat”ga ketishlari dunyoning sarmoya hokimiyatidan qutulushning yaqinlashqanlig‘ini ko‘rsatadir. Katta kamchiligimiz Yaqindag‘ina o‘zbek qizil matbuotining 6 yilligini qilib o‘tkazdik. Gazetalarimizning har biri 6 yillik matbuot to‘g‘risida tafsillik hisoblar bosdilar. U hisoblardan bildikkim, matbuotimizning ro‘znoma – kundalik qismi, chindan ham, jiddiy qadamlar bilan ilgarilagan, 2 muzofot va bir markaz gazetalari bilan Buxoro jumhuriyatining bir markaz gazetasi to‘qtamasdan davom etib keladurlar. Ularning hollari qanday yoruq bo‘lsa, istiqbollari undan ham yorug‘roqdur. Buni ularning kundan-kun ilgari bosishlari bilan isbot qilamiz. Demak, so‘zni qisqa qilib aytganda: o‘zbek qizil matbuotining kundalik qismi poydevorini yaxshi shibbalab olib, mustahkam binosini kundan-kun kengaytirib, o‘sdirib boradur. Biz yuqoridag‘i ahvolg‘a qancha sevinsak, matbuotimizning katta bir kamchiligini ko‘rmak bilan shuncha qayg‘irmoqqa majbur bo‘lamiz. 6 yildan beri to‘latilmag‘an u kamchilik haftalik va oylik matbuotimizning qizg‘anch holidur. Bir vaqtlar Maorif xalq kamisarligi oldida tatar yozg‘uchilari tomonidan juda tor doirada chiqarilib kelgan «Maorif» jurnali g‘olibo 2 sondan ortmadi. Undan so‘ng Milliy ishlar xalq kamisarligi yonida «Sharq» jurnali chiqsa ham, uning biz bilan qilcha ham aloqasi yo‘q edi. «Tong» jurnali chindan bizniki edi; lokin u ham 3-sondan ortmadi. Bizda eng ko‘p davom etgan jurnal «Inqilob» bo‘lubdur. U bilan birga chiqqan «Bilim o‘chog‘i» u bilan tenglasha olmadi. Hozirda «Inqilob» ham yo‘q, «Bilim o‘chog‘i» ham. «O‘zgarishchi yoshlar» jurnali bor. Bu jurnal yoshlarning eng jiddiy va umudlik jurnallari. Faqat u yoshlarning jurnalidur. Uning o‘ziga yarasha doirasi, chizig‘i bor. Kattalarimiz uchun ham shunday bir jurnal to‘qtatmay davom etib ketsa, bizning istagimiz qong‘an bo‘lur edi. Yaqinda «Inqilob» idorasidan bir da’vat xati olg‘an edim. Mazkur da’vatda «Uzoq vaqt to‘qtab yotqan jurnalning yana chiqa boshlag‘ani, so‘ng sonining matbaaga berilishga hozirlangani, moddiy jihat tamom ta’min etilgani, endi to‘qtamay, muntazam olib borish mumkin bo‘lg‘ani» bayon etilgach, «qalam bilan muovanatga da’vat qilg‘an» edim. Da’vatga ijobat qildik, va’da ham berdik, birmuncha sevindik ham. Lekin… oradan yarim yilcha vaqt o‘tdi, «Inqilob»ning so‘ng soni hali maydonda yo‘q. Yaqinda Toshkantga borg‘animda so‘rag‘an edim, «Bosilib bitkan, matbaa haqini berib olishga Maorif kamisarligining puli yo‘q», – dedilar. Shu «puli yo‘qliq» ham 2 – 3 oydan beri davom etar ekan… Bizning Maorif kamisarligimizga ishonib bir ishga kirishishning o‘zi xato. Bu daf’alar bilan tajribadan o‘tkan. Bu xil narsalar uchun unda pul bo‘lmaydur. «Kolizey» tiyotrining eski pul bilan 4 trilio‘n qarzini to‘lashga, Yangi Toshkantning ishchilar yo‘q rayonida tarixiy raqs (tansa) maktablari ochishka, uning prog‘ramini kengaytirishga pul topilg‘ani bilan, tubjoy xalq matbuoti va tiyotri uchun pul topilmaydur. Tajribada ko‘rulgan shu achchig‘ haqiqatga tan berib bir jiddiy jurnal chiqarish uchun boshqa insofi borroq joylardan mablag‘ qidirib topsak-da, shu zo‘r kamchiligimizni ham bartaraf qilsak. 6 yillik bayramning katta bir mevasi, samarasi shu bo‘lsa! Katta maktab egasi Buyuk Gorkiyni ko‘rish va so‘zlarini eshitish sharafiga erishganlardanman. 1935 yilning mart oyida edi shekilli (agar yanglishmasam), SSSR sovet Yozuzchilari soyuzining plenumida Gorkiyning so‘nggi so‘zi bo‘ldi. O‘zi qarig‘an sari ruhi va inqilobiy g‘ayrati orta borgan bu ulug‘ chol, kuchli olqishlar ostida minbarga chiqdi. Olqishlar nihoyat to‘xtadi-da, sekin va past ovoz hamda Nijgorod lahjasining ba’zi bir ta’sirlari bilan, so‘zg‘a boshladi. Ovozida qariliq ta’sirlari o‘zini ko‘rsatardi, ya’ni orqa qatorlardan tovushini eshitish qiyinroq edi. Bu keksa ovoz bilan aytilgan so‘zlarda ajoyib bir yosh jonlilik bor edi. Bu jonlilik hatto juda kichkina, oddiy ko‘zga mayda kabi ko‘rinaturg‘on narsalarda ham ko‘rinardi. Chunonchi, u inqilob dushmanlarining qishloqlardag‘i bir ig‘vosidan gapirdi. Ular traktorga qarshi tashviqot qilarkan, traktor ovozidan qo‘rqib ba’zi bir qushlarning qochib ketganlarini, holbuki, ularning qishloq xo‘jaligida zararli hashorot bilan kurashuvchi foydali qushlar bo‘lganini aytar ekanlar. Ulug‘ ustoz, sovet yozuvchilarini dushmanning kurash taktikasidagi shunday kichkina jihatlariga ham ko‘z yummaslikka chaqirdi. Bu, notiqning turmushni qanday yaxshi bilganini ko‘rsatib turar va bizlarni ham shunga o‘rgatib turardi. Men Gorkiyning eng zo‘r va to‘ng‘ich asarlaridan «Ona»ni tarjima qilish sharafiga ham erishganlardanman. Tarjimaning sifati to‘g‘risida boshqalar gapirar. Men o‘zim faqat shuni aytaman: nasr tilini tarashlashni men boshlab Gorkiydan o‘rgandim. U, menimcha o‘zi ishlatadigan tilni juda yaxshi ko‘radi, uni har qanday kamchilikdan ozoda holda ko‘rmak istaydi. «Ona»ning tili mana shunday bir til. «Ona» men uchun katta bir maktab bo‘ldi. O‘zimning «Kecha va kunduz» nomli romanimda men ham bu buyuk uslubchining unumli ta’sirini doim sezib turdim. Sovet yozuvchilari uning inqilobiy ruhini, proletarcha mardligini, jahonshumul grajdanligini, so‘ngra klassik tili va uslubini, hatto tarjima orqali bo‘lsa ham doim o‘zlarida sezajaklar. Katta to‘yga tayyorlanaylik (O‘rtoq Lohutiy dokladidan) Hozir mavsumning o‘zi ham odamni tinch qo‘ymaydi. Tala uzoq uyqudan uyg‘onib serharakat qo‘llarning zarbi ostida tushdi. Qor erigani kecha edi, bugunoq uning erigan yerlarida chumoli uyasi qo‘zg‘alg‘an singari harakat ish… Hali ko‘klamning boshi; yoz oldinda, kuz oldinda, kuz o‘tib qish yaqinlashg‘anda haligi harakatning samarasi ko‘rulajak. Shu tobda ekilgan ekinlar unum berajak! “Qizil O‘zbekiston” gazetasi qlub-da, ochiq terazalardan kirib turgan yumshoq shamolga qo‘shulib, yam-yashil yaproqlarning chappagi ostida gapirgan Lohutiy o‘rtoq… tag‘in o‘ttiz oydan so‘ng kelaturg‘an bayramga hozirdan tayyorlanish kerakligini aytganda, xuddi shu ko‘klam serharakatligidan o‘rnak ham olgan kabi edi. U shamolday mayin ovozi bilan shu to‘g‘rida bir soatga yaqin so‘zlagan vaqtida ko‘ksida bo‘lshevik ko‘klamining raqqosi o‘ynardi. Uning so‘zidagi samimiylik shundan emasmi, axir? Bir oz kechikib kelgan bo‘lsalar-da, chaqirilg‘anlar to‘la keldilar va majlisning boshlanishida keng zalda bo‘sh kursi qolmadi. Hamma bu katta Sharq shoiri, kommunist-bolshevik shoirning so‘zini maza qilib tingladi, chunki u yaxshi misollar, chiroylik o‘xshatishlar, kuchli faktlar, ishontiruchi dalillar bilan so‘zladi. U oktabr inqilobining tug‘ulishini so‘zlarkan – yosh bola, o‘ziga xos bolalik kamchilik ila tug‘uladi. O‘sib, katta odam bo‘lganidan keyin orqasig‘a qaraydi va uzun umrining har bir mazgilida bir yoki bir necha bolalik kamchiligini ko‘radi, deydi. So‘ngra bu masala yigirmaga kirayotgan inqilobg‘a bog‘lab turib deydi: “bizning oktabr esa, katta bir odamday mukammal tug‘uldi; uning bolalik kamchiligi bo‘lmadi. Partiya va hukumat, uni keyin ham har qanday kamchiliklardan saqlab keldilar”. Bu so‘z, bu o‘xshatishlar shoirning og‘zidan chiqadi: Lohutiy – katta shoir. Kuzda olinaturg‘an unum uchun bugun (balki kecha) bel bog‘lab tushgan bo‘lsak, nima uchun o‘ttiz oydan so‘ng kelaturg‘an to‘y uchun halitdan taraddi qilmayliq. To‘y – katta to‘y, bizning butun orzu havasimiz unga bog‘liq, demak biz o‘zimizning u kuchli orzu-havaslarimiz uchun hozirdan jon kuydursak, bundan yaxshi va bundan tabiiy nima bor? Lohutiy Maskov poyezdidan tushib hali avtoo‘mo‘bilga o‘ltirmasdan dedi: “O‘zbekiston oldingi jumhuriyatlardan: u shunga yarasha berishi kerak!” Bu kungi so‘zlarida, Lohutiy, O‘zbekistonning nimalar berishi kerakligini bitta-bitta sanab berdi. Bu bera turg‘anlar juda ko‘p: yozuvchilar, shoirlar, cholg‘uchilar, rassomlar, aktyorlar, olimlar, muallimlar, tarixchilar, do‘qtorlar, feldsherlar, agronomlar, injenerlar va g‘ayri va g‘ayrilar… Lohutiydan so‘ng so‘zlaganlar Lohutiy so‘zlarini tasdiq qilish bilangina qolmasdan uni har qaysisi o‘zicha to‘ldurdi. Majlis tugaganida hammaning miyasida bir fikr aylanadi: “Mendan talab qiling‘ani hammadan zo‘r va og‘ir. Yigirma yillik tarixning shtobi! Yordamlash mengaki, men o‘z uhdamga tushgan vazifani bajaray?” Kecha va kunduz — 1-bob «Hamal keldi, amal keldi». Har yil bir keladigan bahor sevinchi yana ko‘ngillarni qitiqlay boshladi. Yana tabiatning dildiragan tanlariga iliq qon yugurdi… Tollarning ko‘m-ko‘k sochpopuklari qizlarning mayda o‘rilgan kokillariday selkillab tushmoqqa boshladi. Muz tagida loyqalanib oqqan suvlarning g‘amli yuzlari kuldi, o‘zlari horg‘in-horg‘in oqsalar-da, bo‘shalgan qul singari erkinlik nash’asini kemira-kemira ilgari bosadilar. Simyog‘ochlarning uchlarida yakka-yakka qushlar ko‘rina boshladi. Birinchi ko‘ringan ko‘klam qushi birinchi yorilgan bodroq nash’asini beradi. Bultur ekilib, ko‘p qoshlarni qoraytirgan o‘sma ildizidan yana bosh ko‘tarib chiqdi… Muloyim qo‘llarda ivib, suvga aylangandan keyin go‘zal ko‘zlarning supasida yonboshlashni muncha yaxshi ko‘rar ekan bu ko‘kat! Erkaklarning gullik to‘ppisiga tegmay, yalang ayollar bilan, ularning sochlari, gajaklari va ro‘mol popuklari bilan hazillashib o‘ynagan salqin shabada… ko‘klam nash’asi bilan sho‘xlik qiladi. Hayot nega bu qadar go‘zal va shirin bo‘ladi bahorda? Zebi (Zebinisa)ning qish ichi siqilib, zanglab chiqqan ko‘ngli bahorning iliq hovuri bilan ochila tushgan, endi, ustiga poxol to‘shalgan aravada bo‘lsa ham, allaqaylarga – tola-qirlarga chiqib yayrashni tusay boshlagan edi. Qish ichi ham keti uzilmagan sovchilar bir-ikki haftadan beri kelishdan to‘xtaganlar, endi tashqari eshikning «g‘iyt» etishi bir-ikki ayolning astagina bosib, paranjisini sudrab kirib kelishiga dalolat qilmas, hali endigina o‘n beshga qadam qo‘ygan bu yosh qizning go‘dak ko‘nglini uncha cho‘chitmas edi. Ko‘k terish bahonasi bilan bir-ikki marta keng hovlilarga, shahar ichida bo‘lsa hamki tola-tuzlarga chiqib kelganidan beri ko‘ngli qirlarni, tolalarni, ishqilib, olis-olis joylarni yana ko‘proq tusay boshlagan edi. Otasi bomdoddan kirmagan, onasi sigir sog‘ish bilan ovora, o‘zi kichkina sahnni supurib turgan vaqtida tashqari eshikning besaranjom ochilishi Zebining ko‘nglini bir qur seskantirib oldi. Bir qo‘lida supurgisi, bir qo‘li tizzasida – yerga egilgan ko‘yi eshik tomonga tikilib qoldi. Otasining odatdagi tomoq qirish va yo‘talishlar bilan, katta eshikning og‘ir zanjirini sharaq-shuruq qilib tushirib namozga chiqib ketganiga hali ko‘p o‘tmagan edi. Halol-haromni ko‘p ham farq qilmayturgan bu odamning avrodda o‘tirish odatlari, hatto hammadan keyin qolib machit shamlarini puflab chiqish rasmlari bo‘lardi. Aytganidek, eshikdan shoshilib kirib kelgan – yoshgina, o‘zi tengi bir qizcha bo‘ldi. Hali tuzuk-quruq odam qatoriga kirib yetmagan bu qizchani katta xotinlarning oriyat paranjisiga burkaganlar, paranjining uzun etaklari katta bir tugundek uning qo‘ltig‘ini to‘lg‘azardi… O‘rgangan qiz ichkari eshikdan hatlar-hatlamas paranjini irg‘itdi va o‘zining bolalik ruhi bilan yugurganicha borib Zebini quchoqladi. Ikkalasi quvona-quvona ko‘rishdilar. Supurgi yetgan joyidan nariga o‘tmasdan yerga yonboshladi… Ikkala yosh – yuzlari kulgan, ko‘ngillari yozilgan – qo‘ltiqlashib ayvonga bordilar va Zebining otasi turib ketgan so‘rining chekasiga o‘tirishdilar. Salti (Saltanat) erta saharda munaqa halloslab kelishining sababini hali aytgani yo‘q edi: ular ko‘rishgan hamon yosh qizlarning o‘z oralarida o‘taturgan mahram gaplarini gaplashib, tikayotgan kashtalari, piltaga kirgan to‘ppilari to‘g‘risida bir-birlariga kalta-kalta ma’lumot berishgan edilar. Salti endi gap ochdi: – Erta saharlab chopganim bekorga emas… – Men ham sezganman… Yuragim bir qur seskanib ham oldi… – Nimaga, o‘rtoqjon? – O‘zingiz bilgan sovchilar balosi-da… Qish ichi keti uzilmadi. – Menam bezganman, jonim qaqa… Shu uchun bir qishloqqa chiqib kelsakmikan deb edim… – Nimasini aytasiz… Ariqdagi suv ham muzning tagidan chiqdi-ku. Zebining yuzini shu topda butun qish ichi to‘planib qolgan horg‘inlikning asarlari egallagan edi. Uning ikkala yuzi, ayniqsa, ko‘rpaning katta-katta qavig‘iga tikilgan andishalik ko‘zlari, hovur bosgan oynakning betiga o‘xshardi. Aksincha, Saltining yuzlari charaqlagan yulduzday, sernash’a, quvnoq va har qanday andishadan yiroq bo‘lib, ko‘nglining chuqur burchaklaridan chiqib kelgan sevinch to‘lqinlarini aks ettirardi. Shu uchun u Zebining so‘ng so‘zlaridagi og‘ir ma’yuslikni payqay olmadi. Uning ko‘zlari Zebida bo‘lsa ham, nazarlari boshqa yoqlarda edi. – Enaxonni bilasiz-a? Yoyilma soydagi o‘rtog‘im bor-ku? Zebi boshini ko‘tarib o‘rtog‘iga qaradi, shu qarash uning nechikdir Enaxonni eslolmay turganini ko‘rsatardi. So‘ngra Salti ta’rif qildi: – O‘tgan kuz biznikiga mehmon bo‘lib kelishdi-ku, kelinbibisi bilan birga? O‘shanda necha marta kishi yuborib chaqirtirdim, bormadingiz, otangiz javob bermadi… Zebi bosh tebratdi: – Ha, ha… bildim, bildim. O‘zini ko‘rganim yo‘q-ku, eshitib bilaman. – Ana o‘sha qiz o‘sha safar kelganida meni aytib ketib edi. Bahorlashib bir borib kelaman deb yurib edim. Yaqinda yana aytib yuboribdi. Shunga teng-to‘shlarim bilan bir borib kelmakchiman. Sizni ham olib boraman… – Qachon? Zebining bu kalta savolidan Salti ko‘p narsani angladi. Bu savol Zebining iloji bo‘lsa shu kun paranjisini qo‘liga olib (yopinib ham o‘tirmasdan!) shu yerdan uzoqlashmoq uchun talpinganini ko‘rsatardi. Shu uchun Salti: – Men sizni olib ketgali keldim, aylanay! – dedi. Va ikki yosh bola nihoyasiz quvonchlar ichida yana bir-birlariga chirmashdilar… Odatda, onaning ko‘ngli yumshoq bo‘ladi. Zebining onasi – Qurvonbibi Saltidan haligi chaqiriqni eshitgandan keyin darhol rozilik berdi: – Mayli, o‘ynab, yozilib kelinglar. Qish ichi yuraklaring g‘ash bo‘lgandir… yosh narsalar, – dedi. Zebi onasining beraturgan javobini ilgaridan bilardi. Bu ona qizining saodatidan boshqa narsani bilmayturgan onalardan edi. Dunyoda qanday yaxshilik va xayriyatlik bo‘lsa, hammasini shu birgina qizi uchun istar va orzu qilardi. Lekin… Onaning rozilik so‘zlariga shu birgina «lekin» elchib kelganidan, bechora qizlar sevinish to‘lqinlarini yana bir qur ko‘tarishga fursat topolmadilar. Hamma jim qoldi. Har kim o‘z oldida bir narsa topib shunga ko‘z tikkan va u narsada Zebi – o‘z otasini, Qurvonbibi – o‘z erini, Salti – qovog‘idan doim qor yog‘ib turgan sovuq bir so‘fini ko‘rardi. Bu bulutli havoni ochmoq faqat onaning vazifasi edi: – Otasi bomdoddan kirsin, – dedi u Saltiga qarab, – men o‘zim yotig‘i bilan aytib ko‘ray, yo‘q demas, – so‘ngra Zebiga yuzlandi: – Sen, qizim, uyga joy qil, o‘rtog‘ingni o‘tqiz, dasturxon sol. Biz otang bilan choyni so‘rida ichib, haligi gapni gaplashamiz. Ikkala qiz ham og‘iz ochmay jim qolishdi. Chunki Razzoq so‘fining mizojini ularning ikkalasi ham yaxshi bilardi. So‘figa eng ma’qul bir masalani bo‘lsa ham uqtirib roziligini olmoq uchun yo o‘zining piri, yoki katta bir davlatga ega bo‘lish kerak edi. U odam o‘z tenglaridan hech birining hech qachon hech bir gapini tinglagan emasdi. Ayollardan maslahat, ayniqsa, o‘z xotinidan bir taklif eshitmoq uchun Razzoq so‘fining qayta boshdan bunyodga kelishi kerak bo‘lardi… Shu uchun Zebi, ko‘zlari andisha bilan kengayib ochilgani holda, indamasdan joylarni yig‘a boshladi. U o‘rinlarini yig‘ishtirib, nonushta joylarini tayyorlab bo‘lgandan so‘ng o‘choq boshida choynaklarga choy tashlarkan: – Otamdan darak yo‘q-ku? – deb so‘radi onasidan. Qurvonbibi bir ko‘cha eshigiga, bir yonboshdagi daraxtlar orasidan ko‘tarilib kelayotgan quyoshga, bir o‘choqboshidagi qiziga qaragandan keyin: – Bilmadim, avrod cho‘zilibroq ketdimikin? Sen choyni jindek qo‘yib turib, chala qoldirgan yerlaringni supuratur, kelib qolar, – dedi. Zebi shu topda yana qaytib qo‘liga supurgi olishni istamasa-da, o‘rtog‘ining «bu qiz enasining gapiga kirmas ekan» degan o‘yga borishini o‘ylab, indamasdan supurgini qo‘liga oldi va bir qo‘lini bir tizzasiga qo‘yib, sahn betini supura boshladi. Zebining choy damlab kelishini kutib uyda – dasturxon boshida o‘tirgan Salti ikkala qanoti ochiq turgan eshik orqali bu holni ko‘rganidan keyin o‘rnidan turib o‘rtog‘ining yoniga chiqdi. Zebi uni uzr aytib qarshi oldi: – O‘rtoqjon, – dedi, – otam avrodda o‘tirib qoldi, shekilli, shunaqa odati bor. Endiyoq kirib kelsa kerak. Xafa bo‘lmang-a? Bu so‘nggi kalta jumlaning aytilishidagi samimiyat bir-biri bilan yaqin o‘rtoq tutishgan yosh qizlardagina bo‘ladi. «Xafa bo‘lmang-a?» deb turgan vaqtida Zebining yuzini ko‘rish kerak edi! Bir qo‘lida supurgi, bir qo‘li tizzasida, supurgi ham yerdan uzib olingan emas, faqat bosh yuqori ko‘tarilgan-u – butun vujud Saltining ixtiyorida! Ko‘ngil, orzu, sevgi, sevinch… bular hammasi Saltiga tomon uchadi, unga tomon otiladi, uni o‘rab, uni aylantirib, uni quchadi! Zebining yuzlaridagi oyday tiniq va quyoshday yorug‘ bu holat moddiy haqiqatlar qadar ochiq ko‘rinardi. O‘rtog‘ining bu samimiyatini Salti ham ko‘z bilan ko‘ribgina emas, ko‘ngil bilan sezib anglagan edi. Shu uchun Zebining u so‘ziga javob ham berib o‘tirmasdan birdaniga uning qo‘lidagi supurgiga yopishdi. O‘z ko‘nglida supurgini olib biroz supurishib bersa, haligi samimiyatga yarasha javob bergan bo‘lardi. Zebi supurgini qo‘ldan oldirdi, lekin o‘rtog‘i supura boshlagandan so‘ng: – Voy, bu nimasi! Qo‘ying, o‘zim supuraman! – deb yana supurgiga yopishdi. Salti bermadi – bu olmoq istadi, Salti qochdi – bu quvaladi, shunday qilib sahnni supurish o‘rniga bu ikki o‘rtoq butun hovlini boshlariga ko‘tarib, shovqinlar va qiyqirishlar bilan dunyoni buzib bir-birlarini quvalasha ketdilar… O‘z uyining qabristonlar qadar jimjit, xonaqohlar qadar unsiz, o‘z ko‘ngli qadar tund va xo‘mraygan bo‘lishini istagan Razzoq so‘fi xuddi shu ola-to‘polon ustiga kirib keldi! Eshikdan kirar-kirmas ovozining boricha: – Bu nima qiyomat!!! – deb shovqin solishi ikkala yosh qizni chaqmoq tekkan daraxtday turgan joylarida qotirib qo‘ydi. Yo‘qsa, so‘fi erining dindor xotini bo‘lgan Qurvonbibi ham «bas endi!» deb ozmuncha qichqirmagan edi… Agar bu sovuq so‘fi kirib kelgan bo‘lmasa, ikki yosh qizning qish bo‘yi to‘plagan ko‘ngil g‘ashliklari biroz sho‘xlik bilan ancha yozilgan bo‘lardi. Zotan, ularning o‘zlarini unutar darajada bir-birlari bilan bu xilda o‘ynashuvlari o‘sha g‘am-g‘ashlar purjinasining bo‘shalishi, siqintilar oqimining to‘g‘onni buzib oldinga tomon yo‘l solishi emasmidi?! Bunday telbalarcha ko‘pirib-toshuvlarni to‘xtatmoq uchun ham, albatta, telbalarcha hayqirishlar, chaqmoq qadar quvvatli zarblar lozim bo‘lardi. Otasi kirib kelganidan keyin Zebining ko‘nglida o‘ynagan iztirob va hayajonlar Razzoq so‘fining «nima bu qiyomat!» degan qiyomatidan qo‘rqinchroq edi. Sovuq bir so‘fining nazdida bu qadar vahimali bo‘lib ko‘ringan oddiy va tabiiy bir bolalik o‘yini qafas darichasining ochilishini kutgan vaqtida darichaga kattakon bir qulf urilayotganini ko‘rgan bir qushning iztirobidan kam bo‘larmidi?! Ikkala qizning, ayniqsa, Zebining ko‘nglidagi iztirob, zotan, so‘fi kirgandan so‘ng avj olishi kerak edi. Chunki qizlar sho‘xlik va o‘yinga berilib ketib hamma narsani esdan chiqargan emasmidilar? Qorong‘i qish kunlaridan qolgan dog‘lar, to‘rt dovol orasida yashashdan kelgan siqintilar, otalardan o‘tgan zulmlar, sovchilardan yetgan tashvishlar barham yemaganmidi? Yoshlikning quvvatli to‘lqinlari ularning barchasini bir bahor yog‘muri kabi yuvib ketmaganmidi? Shunday o‘rtoqning shunday shirin muomilalari oldida shunday teskari, shunday o‘jar va qaysar otaning borligi ham unutilgan emasmidi? Uyidan «bir zumda borib kelaman» deb chiqqan Salti ham bergan va’dasini, uyini va ota-onasini unutib – qo‘lida maymoq va tullagan bir supurgi bilan! – qolib ketmaganmidi? G‘aflatda qolganlarning boshiga tushadigan tayoq yomon zil ketadi, deydilar. Bu ikkala qiz o‘yin va sho‘xlik havasi bilan g‘aflatda edilar. So‘fining og‘ir zarbi bilan o‘zlariga kelgach, oldilarida zo‘r bir tog‘ turganini ko‘rib, ixtiyorsiz cho‘chib ketdilar. Bu tog‘dan o‘tish kerak edi, holbuki, bu tog‘ – munaqa yosh bolalar o‘ta oladigan tog‘lardan emasdi. Ikkalasi ham iztirobning bu og‘ir yukini bir-birlarining ko‘zlarida o‘qidilar… So‘fining baqirishidan so‘ng biroz shoshib turgach, ular yugurgancha uyga kirdilar va o‘zlarini eshikli derazaning panasiga olib, Razzoq so‘fining harakatlarini kuzata boshladilar. Ko‘zlari so‘fida bo‘lsa, quloqlari Qurvonbibining og‘zida edi. Uning gapiradigan gaplari ularning ko‘ngillarida tugilgan og‘ir va chigal tugunchakni yo yechib yuborajak, yoki yana battarroq chigallashtirib, ikki yosh narsani – yana necha oy! – bir-biridan ajratib tashlayajakdi. So‘fi bular uyga kirib olguncha eshik oldida bo‘zarib-gezarib turdi. Bular uyga kirganlaridan keyin, sallasini Qurvonbibiga uzatib, ustidagi malla yaxtagini olisdan turib kartga irg‘itdi va o‘zining oddiy ovozi bilan: – Qanjiqlar! – deb baqirdi. – Yosh narsalar, o‘ynashsa nima bo‘libdi? Muncha endi zabtiga oldingiz? –dedi Qurvonbibi. – Gapirma, eshak! Qurvonbibi jim bo‘ldi. So‘fi kart tomonga qarab yurdi. Kart ustiga dasturxon yozilib, bir mistovoq non bilan piyolada qiyom qo‘yilgan edi. So‘fi kartga chiqib o‘tirgandan keyin, Qurvonbibi o‘choqdan choyni olib keldi. So‘fining bu avzoyini ko‘rgandan keyin ikki qizning borqadar umidi ham uzilib bo‘ldi. Zebi bu umidsizlikni yashirolmadi: – O‘ynashmay o‘laylik, endi otam hech qayerga chiqarmaydi… Salti ham o‘z tashvishini anglatdi: – Nima qilamiz endi? Siz bormasangiz, men ham bormayman… Enaxon toza koyiydi-da. – Tek o‘tirgan bo‘lsak, ko‘ngli yumsharmidikan? – dedi Zebi. Salti indamadi. Birozdan so‘ng yana o‘zi ilova qildi: – Ko‘ngli o‘lsin, yumshagan vaqtini ko‘rganim yo‘q! Katta-katta xarsangtoshlarni soy bo‘yiga devlar tashlashgan, deydi… Eng kattasini otamning ko‘kragiga tashlab qo‘yib, «mana shu sening ko‘ngling!» deganmikan, yashshamagurlar! Bu gap Saltiga ta’sir qildi, shekilli, «pix-x!» eta kulib yubordi. Zebining munga chinakam achchig‘i kelgan edi, qo‘lini uzatib o‘rtog‘ining og‘zini to‘sdi. – Voy, anovi qizni! Yana beshbattar qilasiz ishni! – dedi. Salti zo‘r bilan o‘zini bosib oldi. Ikkalasi yana – ko‘zlarini miltillatib – chol bilan kampirga tikildilar. Boyadan beri eriga qarab jim o‘tirgan kampirning endi astagina kulimsirashi bularga jon kirgizdi. «Ko‘rdingizmi?» deganni qilib ikkalasi bir-biriga qarab olishdi. Chinakam, Qurvonbibi so‘figa yoqadigan bir so‘z topganday, dadillik va bemalollik bilan, kulib turib gap boshladi: – Men Zebini bir joyga jo‘natib yotirman… So‘fi bu safar baqirmasa hamki, dag‘al bir ovoz bilan so‘radi: – Qayerga? Nega? – Oydinko‘ldagi Xalfa eshonimizning kichik qizlari bir-ikkita o‘rtog‘ini «bahorlashib ketinglar» deb chaqirtirgan ekanlar. Shularning bittasi Zebi, yana bittasi uning o‘rtog‘i Saltanatxon ekan. Saltanatxon aravani qo‘shtirib qo‘yib, o‘zi Zebini aytgali kelibdi. Yo‘q desak qanday bo‘ladi? Xotini nima desa «yo‘q» deydigan so‘fi bu safar birdaniga «yo‘q» demasdan, xayolga ketdi. Qizlar Qurvonbibining bu tadbiridan xursand bo‘lib, yana umidlana boshlagan edilar. – Qurvon xolam bopladi! – dedi Salti. – Enam gapga usta. Eshondan tushganini ko‘ring. Eshon desangiz otam o‘lganini ham bilmaydi… Xudo muni eshonlar uchun yaratgan. Salti Zebining bu gaplarini eshitgandan keyin so‘fining xo‘p deb javob berishiga ishonib ketdi. Bir qo‘lini o‘rtog‘ining bo‘yniga tashlab uni quchoqlar ekan: – Bo‘ldi, o‘rtoq, endi! Jo‘naymiz! – dedi. – Sanamasdan sakkiz demay turing hali! Otam osonlik bilan ma’qul gapga ko‘nadigan odam emas… Jim turib qolishini ko‘ring: hali ham churq etmaydi. Sukut uzoqqa cho‘zilgandan keyin Qurvonbibi endi bu safar jiddiy bir chehra bilan: – Nimaga indamaysiz? Xo‘p deng! Katta odam, uyat bo‘ladi. Bir yaxshi xotinlari, bir otincha qizlari borki… O‘zlarini bo‘lsa o‘zingiz bilasiz, – dedi. So‘fi negadir: – Bilaman, fitna, bilaman! – deb qo‘yib, yana jim bo‘ldi. Endi Qurvonbibi yana ham jiddiylashdi: – Bo‘lmasa «yo‘q» deng. Saltanatxonga juvob beray, ketsin! Azonda kelib edi. Shundan keyin so‘fining tili aylandi: – Shoshma, fitna! «Yo‘q» dema, mayli, bora qolsin… Qachon keladi? – Indinga erta bilan yo kechqurun. – Eshonoyimning ra’ylariga qarasin. So‘fi o‘rnidan turdi. Kartdan tushib, kavshini kiyarkan: – Ovozim bor deb ashullaga zo‘r bermasin, – dedi. – Nomahramga ovozini eshitdirsa, rozi emasman! Bu safar odamga o‘xshash gapirib Qurvonbibini quvontirgan Razzoq so‘fi shu so‘zlardan so‘ng yana o‘z jimligiga qaytdi. Biroz so‘ngra, sallasini kiyib, yaxtagini qo‘liga olgandan so‘ng: – Xurjinni ber, fitna! Bo‘lmasa, ikkita qop ber! – deb qoldi. Qurvonbibi qopni uzatarkan, erining qo‘liga shu topda bir oz pul tushganini, endi kattaroq xarid qilish uchun bozorga ketayotganini va haligi zo‘r iltifotning ham pulning kuchi bilan bo‘lganini angladi… So‘fi tomoq qirib eshikdan chiqarkan, uydagi ikki sho‘x qiz yana bir-biriga chirmashgan edi. Qafasning darichasi ochildi! Endi qushlarga qanotlarini rostlab turib «pir!» eta uchmoqdan, keng ko‘klarga, fazolarga parvoz qilmoqdan boshqa narsa qolmadi. Paranjini yopinib o‘tirmasdan, shundoq bosh ustiga tashlab, chimmatni «xo‘ja ko‘rsin»ga tutgan bo‘lib yugurish kerak, xolos… Faqat, unda darichaning ochilganiga kim sevinadi? Shodlikni kim qiladi? Erkinlikning lazzatini kim totiydi? Shu qadar qaysar bir odamni bu qadar ustalik bilan yo‘lga solgan onaning hurmatini kim o‘rniga keltiradi? Uni kim quchoqlab, kim o‘padi? Ikkala qizning uydan yugurib chiqib, bab-barobar Qurvonbibining bo‘yniga osilishlari ana o‘sha ne’matning shukroni edi. Qizlar o‘zlarining behad sevinchlarini yuzaga chiqarmoq bilan birga onaga bo‘lgan minnatdorliklarini ham tegishincha izhor qilmoqqa oshiqardilar. Ular kampirga shu qadar osilib, erkalik qilib, u bilan shu qadar qattiq o‘ynashdilarki, kampir holdan ketib kartga dumalandi… Bular qiyqiriq solishib, tobiga kelgan choydishdek sharaqlashib… kampir bilan o‘ynasharkan, u charchab entikkanidan zo‘rg‘a-zo‘rg‘a nafas olib: – Bas, qizi qurg‘urlar… bas deyman… bo‘ldi endi… Yo‘lingdan qolasan!.. – deya so‘zlanardi. Kampir yolvorgan sari bular avj olishar, biri qo‘yib biri: – Shunaqa ekanmi? Voy, to‘vva-yey! Xalfa eshonning qizi chaqirtirgan ekanmi? Voy, to‘vva-yey!.. – deb uning eng qitig‘i keladigan joylariga chang solishardi. Nihoyat, o‘zlari ham o‘lgudek charchab, kampirdan qo‘l tortdilar va «uh!» deb ikkalasi ikki tomonga o‘tirdilar. Bular taraq-turuq eshik ochib, shoshilib ko‘chaga chiqqan vaqtlarida, paxta zavodining ingichka tovushli jing‘irog‘i soat o‘n ikki bo‘lganini bildirib qichqirardi. Kecha va kunduz — 2-bob Saltilarnikida kechgacha safarga tayyorlanib – birozgina patir bilan somsa yopib, ko‘cha eshigining chap biqinidagi katta kundadan aravaga hatlagan vaqtlarida, kun botib borardi. Arava shahar ichidan chiqib, tola yo‘liga kirganda, kechaning qora pardasi yer betini o‘ragan edi. Qor ostidan chiqqan yerlar bahorning salqin havosi va yoqimli shabadasi ostida mudrashib yotardilar. Oy hali chiqmagan, faqat kechaning qorong‘isiga o‘chashgan sanoqsiz yulduzlar tepada turib mash’allarini yondirganlar, xuddi peshona oldida ko‘ringan eng yorug‘ bir yulduz piyoz to‘g‘rayotgan kelinchakning ko‘zlariday pirpirab yonardi. Qizlar jim edilar. Aravakash zerikdi, shekilli, astagina ashulla boshladi. Uning ashulla si xom xirgoyidan nariga o‘tmaganidan keyin Salti ko‘tarildi: – O‘lmasjon, bormisiz? Durustroq aytsangiz-chi! Saltining yana bir o‘rtog‘i – Qumri uning so‘zini quvvatladi: – Ha, rost, shunday yaxshi ovozingiz bor ekan, sho‘x-sho‘x aytmaysizmi? Keng tolada qancha cho‘zsangiz, shuncha ketadi varanglab… Yigitcha kuldi. U qorong‘ida sekingina orqasiga qayrilgan edi. Orqa safdagi qizlar chimmatni ko‘tarib o‘tirganlaridan ularning yuzlarini sal-pal ko‘rsa bo‘lardi. Kulimsirab turib qizlarga biroz qaragach: – Orangizda dong‘i ketgan ashullachingiz bor turib, menga osilganlaring qiziq! – dedi. – Biz «suv bo‘lmasa – tayammum»ga yaraydigan ashullachilardan… Qizlar hammasi Zebiga qarashdilar. Har tomondan har xil ovozlar chiqdi: – Ha, rost! – Chinakam, indamay o‘tirganimizni qaranglar-a! – Ashullachi oramizda-ku. Zebi «churq» etmasdan o‘tirardi. Uning munday qilishi ham shu xil taklifdan qo‘rqqanidan edi. Albatta, yosh narsaning ko‘nglida o‘ynash, kulish va xushvaqtlik qilish mayllari boshqa har narsadan ko‘ra kuchlik keladi. Lekin Zebi shunday bir otaning qizikim, uning qo‘lida har qanday kuchli mayllarni ham yuganlab tutmoqqa, ko‘ngilning har bir havas va tilagini ko‘ringan joyida bo‘g‘ib tashlamoqqa to‘g‘ri keladi. Ham: Zebi shunday qilishga o‘rganib qolgan. Shu uchun ham yigitning og‘zidan o‘z ismini eshitgach, badani durkirab ketdi. So‘ngra qizlar tomonidan aytilgan so‘zlar uni iztirobga tushirdi. Nima deyishini bilmas edi. O‘ylabroq javob bermoq uchun ko‘ngilning talvasaga tushmasligi darkor. Holbuki, ko‘ngil tashvishda va shu sababli talvasada… Aravakash u yoqdan turib: – Habbarakalla, bor ekansizlar-ku! O‘rtaga olinglar ashullachini! – degandan keyingina Zebining tillari kaldiradi: – Gaplashib ketaylik, shunday qorong‘ida!.. – Jin urarmidi? – dedi bittasi. – Yaxshi emas, shunday zim-ziyo qorong‘ida… Gaplashib ketaylik… Shirin-shirin gaplardan… Aravakash uning so‘zini ilib oldi: – Shirin-shirin gap o‘rniga shirin-shirin ashulladan bo‘lsin, opa. Ta’rifingizni eshitib jigarlarimiz laxta-laxta qon bo‘lib ketgan. Salti tegishdi: – Voy, to‘vvayey! Laxta-laxta qon bo‘lganmi? Javir bo‘lgan ekan… Aravakash ham bo‘sh kelmadi: – Qon bo‘lgan yuraklarni bir nafasda yozish sizlarning qo‘lingizda, opalar! Biz ham dunyoga kelib bir yayraylik-da. Yana indamasdan o‘tirgan Zebiga endi bu safar Salti yalindi: – O‘rtoqjon, bir narsa desangiz-chi. Hamma barobar tashna ekan… Zebi o‘rtog‘idan astoydil koyib berdi: – Sizdan kelgan gap shumi, hali? Otamning aytganlarini o‘z qulog‘ingiz bilan eshitib edingiz-ku! Eshitib-netib qolsa, nima bo‘ladi? Bilib turib… Salti o‘rtog‘ini to‘xtatdi: – Bilaman, o‘rtoqjon, bilaman! Otangizning gaplarini bir emas, ikki qulog‘im bilan eshitdim. Odamlar ichida, ko‘pchilik orasida qistasam, mendan xafa bo‘ling. Bu yer tola joy bo‘lsa, odam asari bo‘lmasa, kechasi – qorong‘i bo‘lsa, bir-ikki juft aytib bermaysizmi? – Nomahramga eshitdirib-a? Zebi bu so‘zni chin ko‘ngildan chiqarib va jerkib turib aytgan bo‘lsa ham, qizlar hammasi birdan kulishib yubordilar. Yana har xil ovozlar ko‘tarildi: – Shu ham nomahram bo‘libdimi? – Shu O‘lmasjon-a? – Nomahram o‘la qolsin… Zebi chinakam ranjigan edi. Yig‘lamsirashga yaqin bir ovoz bilan Saltiga: – Munaqa qilishingizni bilsam kelmas edim… – dedi. Qizlar ishning bu tomonga aylanganiga hayron bo‘lishib jim qoldilar. Aravakash: – Et-to‘vba! Et-to‘vba! – deb o‘z-o‘ziga so‘zlanib, otni qattiq-qattiq besh-olti qamchiladi. Ot qadamlarini ildamlatib, aravani guldur-guldur g‘ildirata boshladi. Hamma jim bo‘ldi. Faqat Salti bilan Zebi ikkovi bir-birlari bilan pichirlashib so‘zlashardilar. Bu pichirlash natijasida Salti o‘rtog‘ini tinchlatishga muvaffaq bo‘lgan, buning ustiga, yana qizlar yor-yor boshlaganda uning qo‘shilajagi to‘g‘risida so‘z olgan edi. “Bir marta boshlangandan keyin undan narisi o‘zi keta beradi” deb o‘ylardi Salti. Darrov qizlarga tomon burildi: – Qani, qizlar, o‘zimiz yor-yor boshlaymiz! – Habbali! – dedi aravakash. Qizlardan javob kutib o‘tirmasdanoq Salti o‘zi boshlab yubordi: «Uzun-uzun arg‘amchi yo… Qizlar qo‘shilishdi: … Halinchakka, Chakan ko‘ynak yarashar Kelinchakka. Chakan ko‘ynak yengiga Tut qoqaylik…» Bir-ikki bayt o‘tgandan keyin Zebining tiniq, g‘uborsiz, jonon piyoladek jaranglab chiqadigan chiroyli va o‘tkir ovozi qo‘shildi. Bu ovoz peshona ustida pilpillagan eng yorug‘ yulduz singari boshqa ovozlardan ochiq ajralib turardi. Shu choqqacha yor-yorga quloq berib, indamasdan, asta-sekin otini qamchilab ketayotgan aravakash bu ovoz chiqishi bilan og‘ir bir «uh» tortdi, qo‘lidagi qamchisi daraxtdagi kuzgi yaproq singari zo‘rg‘a-zo‘rg‘a barmoqlariga osilib qoldi… Saltining didi to‘g‘ri chiqqan edi: endi Zebi yor-yorni o‘zi yolg‘iz aytardi. Aravakash bilan birga qolgan qizlar – hammasi bir quloqqa aylangan edilar. Ot bu go‘zal ovozning shirin kuylari ostida boshini quyi solib, bo‘ynini asta-asta likillatib bitta-bitta qadam bosardi… Yor-yorlar bitib, boshqa har xil kuylarga o‘tildi, endi Zebini to‘xtatmoq mumkin emasdi. Zotan, uning to‘xtashini kim istar edi deysiz? Tolalarning keng quchoqlaridan uchishib kelgan mayin shabadalar qiz og‘zidan chiqqan unlarni o‘z qanotlariga mindirib allaqaylarga, olislarga olib ketardilar. Ho‘… yiroqlarda pilpillab ko‘ringan qishloq chirog‘lari ham, tepadagi yulduzlar singari, shabada qanotlari bilan kelgan chiroyli unlarning zavqi bilan mast bo‘lib yonardilar… Zebi yuragida tugilib yotgan zo‘r tugunni yechib yuborgan edi. Razzoq so‘fining sovuq yuzlari uning ko‘zlaridan yiroqlashganlar, nasihat yo‘li bilan minglarcha marta aytilgan va ta’kidlangan so‘zlar unutilgan, sovuq so‘filarning «harom» degan da’volari sinib parcha-parcha bo‘lgan, «nomahramlik» safsatalari ot oyoqlari ostida yanchilgan, to‘rt devolning bu tutqun qizi o‘ziga o‘xshagan tutqunlardan boshqa hech bir guvoh va tilchi bo‘lmagan shu keng tolaning quloch yetmas bag‘rida yillardan beri tugilib kelgan alamlarini kuyga aylantirib ketsiz bo‘shliqlarga yoyib yuborgan edi. Arava yakka qanotli kichkinagina bir eshik oldida to‘xtab, aravakash bola qamchi sopi bilan eshikni qoqqanda va ichkaridan bir kampirning ingichka va jonsiz ovozi «kim u?» deb so‘raganda, odamlar bir uyquni urgan edilar… Kampirchaning so‘rog‘iga aravakash hazillashib javob berdi: – Shahardan bir arava mehmon olib keldim, ena! Uyingiz kuydi toza! Ikki kunda bor-yo‘g‘ingizdan ajralib qoqlanasiz endi! Qani, bo‘ling, eshikni oching! Qornimiz o‘lgudek och… Qizlar kuldilar. Kampir qizlarning kulishini eshitganidan keyin mehmonlarning kimligini angladi: – Ha-a-a, Saltanatxonlardir? – dedi u. Shu so‘z bilan birga kichkinagina zanjirning shiriqlab tushgani va eshikning g‘ichirab ochilgani eshitildi. Kampircha eshikni ochar-ochmas sevinchilamoq uchun ichkariga yugurgan edi. Aravakash: – Qani, tushinglar endi, opalar! – deb muzaffarona bir ovoz bilan qichqirdi. Faqat, uning bu chaqirig‘i foydasiz edi. Chunki zanjirning zaif shiriqlashi quloqlarga kirar-kirmas qizlar o‘zlarini aravadan tappa-tappa tashlay boshlagan edilar. Yorug‘idan ko‘ra tutuni va buruqsashi ko‘p fonarchani ushlagan kampir bilan birga Zebilar tenglik bir qiz «Voy, o‘layin, uxlab qolibman! Voy, o‘layin, ko‘zim uyquga ketibdi!» deb ho‘… allaqaylardan uzr aytib chiqib keldi. Bu yoqdan: – Voy, aylanay, Enaxon! Jonim o‘rtog‘im! Bormisiz? – deb paranjisini qo‘liga olib Salti yugurdi. Quchoqlashib ko‘risha ketdilar. Boshqa qizlar bilan naridan beri – qo‘l uchini tekkizib – ko‘rishgach, Enaxon yana Saltiga yopishdi va ikkalasi qo‘ltiqlashib ichkariga tomon yurdilar. Ikkala o‘rtoqning sharaq-sharaq gaplashgan, bir-birlariga sevinch bildirishgan quvnoq va baland ovozlari boshqa hamma unlarni bosib ketdi… Faqat, ko‘chada – arava ustida boshqa hangomalar bo‘layotgan edikim, bulardan haligi ikki baxtlining hech bir xabari yo‘q edi: Saltining onasi bilan katta onasi uni o‘zi tenglik yosh qizlar bilan birga olis joyga yuborarkan, ehtiyot tomonini ham unutmagan edilar. Uning oyisi o‘z qaynonasiga: – Yosh qizlarning o‘zlarini yuborib bo‘ladimi, qalay? Bitta-yarimtamiz birgalashmasak bo‘lmas? – deb o‘zining eslik xotin ekanini bildirgan vaqtida, qaynonasi juda keskinlik bilan javob bergan edi: – Alvatta, aylanay! O‘zlari yolg‘iz borishadigan bo‘lsa, javob yo‘q!.. Tandir oldida kuyib-pishib, shabnam donalariday yirik-yirik terlarga botib, Zebi bilan birga patir yopayotgan Saltiga bu maslahat juda yomon qattiq tekkan va u ham darhol o‘z ovozini eshittirgan edi: – Bizni bo‘ri yermidi? Yosh narsalarga qarilarni aralashtirib nima bor? Siqilib o‘lmaydimi odam?.. Katta ona nevarasining bu erkaligiga faqat erkalik debgina qaragan, shu uchun: – Aylanay, bolam, patiringni yop! Kechga qolayotirsiz. Bu siz aralashadigan ish emas! – deb qo‘yib, yana o‘zining «eslik» kelini bilan maslahatini davom ettirgan edi. Maslahat natijasida qaynona bilan kelin uyda qoladigan bo‘lib, ikki-uch oydan beri bularnikida yashaydigan qarindoshlardan Savribibi degan kampir qizlarga ko‘z-quloq qilib berilgan edi. Bu qari kampirning qo‘shilganiga qizlar xafa bo‘lmagan, balki, aksincha, sevingan edilar. Bu kampir aravaga oyoq qo‘yar-qo‘ymas – qizlarning o‘rtasiga joylanib olib, Zebining tizzasiga bosh qo‘ygani holda – uyquga ketgan va shu bo‘yicha qishloqqa kelib yetilganda ham ko‘zini ochmagan edi… Qizlar o‘zlarini tappa-tappa aravadan tashlab, eshikdan ichkariga kirarkan, Zebi sekingina kampirni uyg‘otdi: – Enajon, turing, kelib qoldik! Enajondan javob bo‘lmadi. Zebi o‘sha past ovoz bilan yana bir qur uyg‘otdi: enajon hali ham jim edi. Aravaning oldi tomonidan kelib aravakash ham yordamlashdi: – Ho‘… xola, turing, kelib qoldik! Erkak kishining kuchlik ovozi bilan kampir ko‘zini ochdi, lekin uyqusirab turib: – Hozir, aylanay… xo‘p, turaman… – degandan keyin yana uyquga ketdi. Zebi kamoli hayron bo‘lganidan aravakashning nomahramligini ham unutib, haligi tang‘irqash nazari bilan unga qaradi. Bu vaqtda oy anchagina yuqori ko‘tarilib qolgan edi. Aravakash yumshoqqina kulimsiradi. Yosh yigitning bu yosh shirin tabassumini oy yorug‘ida alayno ko‘ra olgan yosh qiz butun badanlaridan muloyimgina durkirash kechganini payqadi va qizarib teskari qayrildi… U qarash aravakash yigitchaga ham boshqacha ta’sir qilgan bo‘lsa kerak, kampirni turtib uyg‘otmoq uchun qo‘lini yuqori uzatdi. Shunda kampirning boshidagi qo‘l boshqa bir qo‘lning o‘ziga kelib tekkanini boyagidan kuchliroq bir durkirash bilan sezdi. Erkak zoti bilan birinchi marta bu xilda uchrashgan yosh qiz shu paytda biroz gangiragan edi. Shu uchun qo‘lini darrov tortib olmasdan, o‘ziga kelganidan keyin birdaniga jerkib tortdi. Faqat, yosh yigitning kuchli qo‘llari uni mahkam ushlab, kampirning boshidan pastgaroq tushirdi va ikkala yosh shu bo‘yicha turgan joylarida turib qoldilar… Ichkarida o‘tirgan baxtli mehmon o‘zidek baxtli izmon bilan birga ho‘… ancha vaqt o‘tgandan so‘ng yo‘qolgan ikki mehmonni izlab ko‘chaga chiqqan vaqtida, ko‘chadagi ikki yosh vujud qo‘llarini bir-birlaridan hanuz ajratib ololmagan edilar. Kampir esa ikki yoshning bu talvasali uchrashuviga quruq gavdasi bilan guvoh bo‘lib, hali ham shirin uyquda dang qotib yotardi… Qizlarning bu «ittik»* poyloqchisini ko‘plashib uyg‘otdilar, ko‘plashib aravadan tushirdilar. U Salti bilan Enaxonning qo‘ltig‘iga kirib, ko‘zi uyquda, dovdiray-dovdiray ichkariga yo‘l soldi. Zebi ham boshqa o‘rtoqlariday aravadan o‘zini «tapp!» etib tashlamoqchi bo‘ldi, faqat qamchili yigit kelib yana qo‘lini uzatdi va shu uchun shuncha baland aravadan o‘zini tashlagan eng so‘nggi mehmonning oyoq tovushi hech kimning qulog‘iga qoqilmadi… Mehmonlar osh-suv taraddilariga yo‘l qo‘ymasdan, sut-qatiq bilan quruq choy ichib, darhol o‘tirgan joylariga uzandilar va aravada urinib kelganlari uchun uzanar-uzanmas uyquga ketdilar. Aravakash ichkaridan chiqqan ikkita non bilan bir piyola qatiqni ichib oldi-da, otni tashqariga bog‘lab, o‘zi arava ustiga cho‘zildi. Uyqusi qochgan edi… Miyasida umrida birinchi martaba o‘laroq ajib va shirin xayollar aylanardi. Ko‘kdagi oyga qarab yerdagi oyni o‘ylar va boyagiday shirin-shirin kulimsirardi… Ichkaridagilar ham dong qotdilar. Faqat, oralarida xuddi ko‘chadagi yosh yigitcha singari uyqusi ochilgan, ko‘kragidagi yangi, begona va shirin hislarni anglayolmasdan hayron bo‘lgan birov bor edi. U ham ko‘kdagi oyga qarab yerdagi «toy»ni o‘ylar va yuzlari anorday qizarardi… Shu topda qishloqning darbadar itlari avjga kelgan, har tomondan hurishlarini yuksaltirganlar, tor ko‘chaning tugalishidagi soy, hamma uxlab jim bo‘lganda, haybatli ovozini boricha qo‘yib yuborib, och yo‘lbarsday guv-guv bo‘kirardi… Kecha va kunduz — 3-bob Enaxon yo‘qsul bir oilaning qizi edi. Otasi muning yoshligida o‘lib ketgan, onasi ikkovi birgina akaning boqimiga qarab qolgan edilar. Akasi Xolmat esini tanigandan beri mehnat peshida chopardi. Hali eng o‘yinqaroq bola vaqtlarida ham butun qishloqning podasini boqib, oilaning ehtiyojlariga biror narsa qo‘shib turardi. Uning podachi bo‘lgan vaqtlarini hali ham qishloq odamlari havas bilan eslashadi. Ko‘cha-ko‘yda unga yo‘liqqanlar: – Podamizni yetim qilib qo‘yding-da! – deb boshlarini afsus bilan chayqab o‘tishadi. Tez-tez bo‘lib turadigan bu xil gaplar uning yuzini kuldirib, ko‘nglini ko‘taradi, tinmasdan ishlash uchun bilagiga darmon va quvvat beradi. Uning o‘z bisotida bir shapaloqqina sholipoyasi bor, u ham marhum qaynotasidan tekkan: bor kuchini shunga sarf qiladi, hammadan burun ish boshlab, hammadan kech tugatadi va hammadan ko‘p urinadi. Shu bilangina olti jondan birikkan katta bir oilani naridan beri tebratib keladi. Onasi qarib, mukchayib qolgan, bir qizi bilan bir o‘g‘li hali yosh go‘dak, ro‘zg‘orning butun ishi xotini bilan singlisining bo‘ynida. U ikkovi tola ishlarida unga yordam berishdan ham bosh tortmaydilar, ularning tolada ham foydalari ko‘p tegadi. Xolmat o‘zi shuncha tirishib ishlab, katta ro‘zg‘orni yolg‘iz boshi-la tebratgani uchun xotini ham, singlisi ham uni boshlariga ko‘taradilar. Har to‘g‘rida uning talablariga xursandlik bilan ko‘nib, hech bir ishda ko‘nglini qoldirmaslikka tirishadilar. Mehnatdan boshqa hech narsani bilmagan bu yo‘qsul yigitning qanday zo‘r talablari bo‘lar edi deysiz? Butun havaslar, talablar va o‘ylar – har nechuk bo‘lsa ham – shu oilani tebratib o‘tish tegrasida aylanadi… Albatta, kelin ham, qiz ham – yosh narsalar, yoshlarning nozlari, injiqliklari bo‘lmaydi emas… Ularning injiqliklarini butunlay haqsiz deyish to‘g‘ri bo‘lmasa kerak. Chunki ular ham – odam, ular ham – yoshlar, boshqa o‘z tenglari kabi ularning ham orzu-havaslari bor, ko‘ngillari ko‘p narsani tusaydi… Zindondagi bandini hech bir xayol surmaydi deb kim aytadi? Gadoy podshoh bo‘lmoq istasa yomonmi? Ba’zan shu xil kuchli talablar yo kelinda, yo qizda ko‘rilib, salgina yuzaga chiqa boshlasa, ko‘pni ko‘rgan ziyrak kampir darrov payqaydi va oldini oladi. Xolmatga sal og‘ir keladigan bir ish bo‘lsa, unga yetkizmasdan, o‘zi bir ish qilib bitiradi: joyi kelganda muloyim gapirib, joyi kelganda po‘pisa qilib, qizi yoki kelinining ko‘nglida ko‘tarilgan havas olovlariga suv sepadi, u olovlarni avj olmasdan turib so‘ndiradi. Ularning talablari juda o‘rinli bo‘lsa, o‘zi ilojini qilib qondiradi. Ularning ko‘nglini oladi, Xolmatni ortiqcha tashvishlardan qutqazadi. Shahardan Saltilarning bir arava bo‘lib kelishlari ham Enaxonning shu xil havaslaridan biri edi. Saltanatlar oilasi bilan Enaxonlar oilasi orasida ota-bobodan qolib kelgan bir do‘stlik, qadrdonlik hukm surardi. Bu ikki oila kishilari yilda bir-ikki marta bir-birlari bilan ko‘rishib turardilar. O‘tgan kuz, xirmonlar olingandan keyin, Enaxon bilan kelin Saltanatlarnikida bir haftacha turib kelgan edilar. Shunda Enaxon o‘z o‘rtog‘ini bir-ikkita tengdoshlari bilan birga bahorda qishloqqa chaqirib ketgan, bahor kelib, tabiat jonlangach, shaharga tushgan bir odamdan yana aytdirib yuborgan edi. Kampir qizining bu talabini, albatta, o‘rinli topardi. Enaxonning yonida bola-chaqasi bilan birga bir necha kun yayrab kelgan kelin ham qizning fikriga jon-u dilidan qo‘shilgach, kampirga hech bir gap qaytarish o‘rni qolmagan edi. – Gaplaring juda ma’qul! – dedi u shu to‘g‘rida maslahat boshlanganda. – Buning ilojini o‘zimiz qilishimiz kerak. Xolmat bechoraga hech bir og‘iri tushmasin. Iloji bo‘lsa, unga bildirmaylik. Mehmonlar kelganda bilar. Enaxon kelinga qaradi. Kelin Enaxonning bu qarashidan «qani, gapiring, nima deysiz?» deganini anglagan bo‘lsa-da, qaynona oldida birinchi bo‘lib gap ochishni ep ko‘rmasdan, jim qoldi. Shundan keyin Enaxon bir narsa demakka majbur edi. – Mayli, siz o‘zingiz bilasiz, oyi. Chaqirish kerakligiga yo‘q demadingiz. Mehmon deganni non qoqiga chaqirib bo‘lmaydi. Muni o‘zingiz bilasiz. Kelin shu yerga kelganda bir og‘izgina so‘z bilan aralashib qo‘ydi: – Albatta, ayniqsa, shuncha joydan keladigan mehmonni. – Xo‘p yaxshi bilaman! – dedi kampir. U kelinining og‘zidan gapini uzib olganday tez gapirardi. – Kuzda ikkalang borib bir hafta turib kelding. Bechorahol bo‘lsalar ham, senlarni xo‘p xursand qilib jo‘natishdi. Ikkalang ham anchagacha gapirib yurding… – Rost-da! – dedi Enaxon. – Uning otasi ham nihoyati bir ayronchi, yer-suvi yo‘q, dastgohi yo‘q. Ro‘zg‘or katta… Shunday bo‘lsa ham, bizga deb nimalarni qilishmadi-a? So‘nggi savolni kelinbibisiga bergan edi. U ham: – Ha, nimasini aytasiz, – deb darhol tasdiq qildi. Shu bilan hammalari jim bo‘ldilar. Kampir iloj axtarib o‘yga botgan edi. U sekin-sekin og‘il tomiga yotqizilgan shotining ikkinchi pog‘onasiga o‘tirdi. Qiz bilan kelin yerga cho‘nqaydilar. Kampir shotining yon yog‘ochini silab o‘ynar, Enaxon og‘zidan olgan saqichni qo‘lida ezib «soqqa» yasar, kelinchak bo‘lsa bir cho‘p bilan yerni chizg‘alar – uchalasi ham shu ravishcha o‘yga botgan edilar. Kampirning butun xayoli haligi to‘g‘rida bo‘lsa ham, ikki ko‘zi bularda; bular esa dam bir-birlariga, dam kampirga qarar, dam bo‘lsa yerga tikilardilar. Sukutni kampir buzdi: – Kambag‘allik o‘lsin, kambag‘allik! – dedi u va chuqur bir «uh» tortdi. – Hech bir ilojini topib bo‘lmaydi… Biroz jim qolgach, birdaniga ovozini ko‘tarib: – Shuncha yerdan bizning so‘k oshimizni ichgali kelisharmidi? Uch-to‘rt kun turishadi. Durustroq bir narsa qilib qo‘ymasak bo‘ladimi? – dedi. Ular ikkovi ham uyg‘onganday bo‘ldilar: – Albatta, albatta! – deyishdi ikkalasi. Xuddi shu vaqtda somonxonaning yonida Xolmat ko‘rindi. Bular unga qayrilib qaragali ulgurmasdan, uning: – Oyi, bormisiz? – degan ovozi eshitildi. Kampir suhbatni bo‘lib o‘rindan turarkan: – Shoshmanglar, bir oz o‘ylaylik, ertagacha biror iloji topilib qolar, – dedi va yugurib Xolmatning yoniga ketdi. Kechqurun yotar paytda kampir haligi ikkovini yoniga chaqirib, o‘z fikrini aytdi: – O‘ylab-o‘ylab qo‘limdan kelgani shu bo‘ldiki, o‘limligimga atalgan narsalardan bir ozroq ajratdim. Endi, Ena, sen ham bisotingda boridan bir-ikki narsa ajrat, kelin, siz ham bir narsa qo‘shing, ertalab bitta-yarimtani bozorga tushiraylik, shularni sotib ul-bul olib chiqsin. Kampir o‘limligiga atalgan narsalardan ajratgandan keyin gap tamom edi. – Bo‘libdi, oyi! – dedi Enaxon. – Mening bor-yo‘g‘im o‘z qo‘lingizda, o‘zingiz ajratib olarsiz. Xayr, mayli, o‘zim ham bir o‘ylab ko‘ray… – Men erta bilan sizga topshiraman, – dedi kelin. Kampir turib yotog‘iga ketdi; ikki yosh o‘sha joyda o‘tirib qolib, nima ajratish va nima berish to‘g‘risida maslahatlashdilar. Bisotdagining mazasi bo‘lmaganligidan bu maslahat ancha uzoq cho‘zildi. Har qalay, erta bilan kampirning qo‘lida mo‘jazgina bir tuguncha bor edi. Tugunchani xurjunning bir ko‘ziga solgan bola yag‘ir otni yo‘rtdirib shaharga tomon yo‘l soldi. O‘sha kun Saltanatlarga ikkinchi chaqiriq yetkazilgan va katta xurjunning ikki ko‘zi to‘lib qaytgan edi. Mehmonlarga qo‘lidan kelgancha yaxshi dasturxon solib, qo‘ni-qo‘shni qizlar va kelinchaklarni chaqirtirib, allaqaylardan tori uzilgan dutorlarni topdirib kelgan va ularni xursand qilmoq uchun tirishib-tirmashgan Enaxon o‘z ko‘nglida yana xijolat tortishdan qutulmadi. Qadrli mehmonlarini yana allaqanday ziyofatlar, mehmondorchiliklar, takalluflarga ko‘mib tashlamoqchi bo‘lardi. Uncha narsa bo‘lmaganda ham, odamlar singari tuzukroq bir siylab yuborishni albatta lozim deb o‘ylardi. O‘z qo‘lida munday qudrat yo‘qligini o‘ylab noumidlikka tushar, bo‘g‘ilardi… Yuragi yomon g‘ash bo‘lib ketganidan keyin chiday olmasdan kampirga aytib ko‘rdi: – O‘lganim yaxshi mening! – dedi u. – Ko‘nguldagidek bir siylay olmasam mehmonlarimni! Odatda yumshoq gapiradigan kampir bu gapga achchig‘landi… – Bo‘lmasa, o‘zingni bozorga olib chiqib sot! Ko‘nguldagidek mehmon qilolasan… – dedi. – Sizga odam ko‘nglidagi hasratini ham ayta olmas ekan-da, – dedi Enaxon, ko‘zlariga yosh olib onasidan uzoqlashdi. Xuddi shu hasratini tomorqa hovlichadagi ariq bo‘yida o‘tirib kelinbibisiga aytganida, u darrov buning fikriga qo‘shildi: – Shunday yaxshi narsalarki! Bularga qancha qilsangiz oz! Zebixondi qarang, Zebixondi! Kuzda biz borganimizda ko‘rmagan edik-a? – Otasi o‘lgur, sovuq so‘fi, javob bermagan ekan… – Muncha ham ovozi chiroylik bu qizning!.. Ashulla aytsa, qulog‘ing mast bo‘ladi odam… Nafasi muncha issiq, muncha mazalik! Muncha ta’sirlik! – Shuni aytaman-da. Suyuq osh qildik, oshqovoq somsa qildik, palov qildik… – bo‘ldi! Bundan ortig‘iga mana bu kambag‘allik o‘lgur yo‘l qo‘ymaydi… Shu yerda chuqur bir «uh» tortdi Enaxon. So‘ngra yana so‘zida davom etdi: – Varaqi somsalar qilsak, oq unlardan g‘alati mantilar, chuchvaralar qilsak, boylarnikida bo‘ladigan dimlama-qo‘g‘urmalar qilsak… Birdan tajanglanib o‘rnidan turdi: – Oshqovoq somsa! Oshqovoq somsa! Kambag‘alligi qursin, ilohim! «Kambag‘al xudoyimning suygan bandasi» deydilar, shumi suygan bandaning holi?! Boyadan beri shu to‘g‘rida o‘ylanib, oqqan suvga xashak tashlab o‘tirgan kelinning yuzlarida xuddi shu paytda bir yoqimli kulimsirash paydo bo‘lgan edi. O‘rnidan turib, haligi shirin kulimsirashi borgan sari ochilgani va yoyilgani holda Enaxonga yaqin bordi: – Xafa bo‘lmang, aylanay! – dedi. – Men ilojini topdim. Boylarnikiga o‘xshagan g‘alati ziyofat qilib jo‘natamiz mehmonlarimizni! Enaxon bu ilojning nimaligini anglayolmaganidan hayron bo‘lib kelinbibisiga qarar, hali yuzi kulmas edi. – Nechik? – dedi u va kelinbibisining ko‘zlariga baqrayib tikilgani holda uning ikkala qo‘lini qo‘llari orasiga oldi. – O‘zimizning kuchimiz yetmasa, teng-to‘shlarimiz, o‘rtoqlarimiz bor. Ularga aytib chaqirtiramiz… Enaxonning yuzi birdaniga ochildi. Lablariga keng bir tabassum yoyildi. U kelinbibisi topgan ilojni anglagan edi: – Mingboshining qiziga aytmoqchimisiz? O‘sha chaqirsin deysizmi? – Yo u, yo bo‘lmasa kichik xotini Sultonxon-chi? – Bo‘larmikin? Shu yergacha ular ikkovi bir joyda to‘xtashib so‘zlashmoqda edilar. Kelin: – Bo‘ldirishni menga qo‘yib bering. Ishingiz bo‘lmasin. Ishqilib, mehmonlarni xursand qilsam bo‘ldimi? – dedi. Shundan so‘ng ikkalasi bel ushlashib uyga tomon yura boshladilar. – Yaxshi maslahat! Jon kelinbibi, bir ish qiling! – dedi Enaxon, kelinbibisini mahkamroq quchoqladi. Kelin birdaniga to‘xtab: – Ularnikidan hech kimni chaqirtirdikmi? – deb so‘radi. Enaxon ham yetgan joyida to‘xtab: – Yo‘q! – deya javob berdi. – Kim biladi deysiz muni? «Mingboshining falon-falonlari bizni ko‘ziga iladimi?» deb xabar ham qilmabmiz. Endi qanday bo‘lar ekan? – Biz shu kechaga mingboshi tog‘aning qizi bilan kichik xotinini chaqirtiraylik. Kecha chaqirtirganimizda kelmasalar, bugun chaqirtirsak, albatta, kelishadi. Siz nima deb o‘tiribsiz! Zebixonning ovozi, ashullalari undan kattaroqlarni ham sudrab keltiradi. Siz xotirjam bo‘ling. Men o‘zim g‘izillab chiqib kelaman. Bu kecha bitta-yarimta ashulla eshitib suhbatni ko‘rishsa, ertaga albatta chaqirtirishadi. Ikkalasi yuzlari yulduzday charaqlagani holda darichadan ichkariga hatlagan vaqtlarida, Zebining «Qora sochim» kuyiga aytayotgan ashulla si quloqlarni shirin-shirin qitiqlamoqda edi… Bir tomchi suv dengizga aylangan bir kecha bo‘ldi. Shu kambag‘al, bebuzoat oilaning issiq va halol quchog‘iga qishloq qizlari va yosh juvonlarining hammasi deyarlik to‘plandi. Bevosita qo‘shni bo‘lgan xonadonlarning «oshini oshab, yoshini yashagan» kampirlari ham chiqishdilar. Bu kecha hatto shahar qizlariga poyloqchi bo‘lib kelgan uyquchi kampirga ham jon kirdi. Uning jonlanganini ko‘rganlar ixtiyorsiz yoyilib kular va chin ko‘ngildan sevinardilar. Bir emas, ikki dutor va ikki yaxshi dutorchi, bir nechta o‘yinchi, Zebixondan boshqa yana ikkita ovozi durustgina yosh juvonlar kelishdi. Dasturxonga qaragan kishi bo‘lmadi: hech kim bu faqir va sodda hashamat ichida takalluf axtarmas, ko‘ngilning xursandliklarga bo‘lgan ketsiz maylini qondirish bilangina ovora edi. Shu uchun bo‘lsa kerak, dasturxon ustida duv-duv gaplashib, ayvonni ovozga to‘ldirib o‘tirgan qiz-juvonlardan hech biri o‘ng biqinida yonma-yon o‘tirib, zo‘rg‘a-zo‘rg‘a dasturxonga qo‘l uzatgan mingboshi oyimlarning «shu ham mehmondorchilikmi?» degan ma’noda bir-biriga qarab lab burishtirganlarini payqamadi. Dasturxon yig‘ilgandan keyin bazm boshlandi, shundan keyin hamma o‘zini unutdi, hamma yosh bolaga aylandi. Uch ovozlik qizga yana bir nechtasi qo‘shilib, yalla ohangi ko‘klarga ko‘tarilgandan keyin qishloqning past-past, yiqiq-yoriq devollaridan osongina oshib o‘tib bitta-yarimta yigit-yalang ham to‘plana boshladi. Ular xira yongan chiroqchaning ishig‘i zo‘rg‘a-zo‘rg‘a yetadigan joylarda – ayvonning ikki yonida cho‘nqayib o‘tirishgan, nafaslarini ichlariga olgan edilar. Ular orasida Xolmat bilan aravakash bola ham bor, ular ikkovi katta tut yog‘ochiga suyanib tikka turardilar. Xolmat havas bilan qiziqib qarasa-da, uning ko‘ngli tamom betaraf edi, faqat aravakash yigit shuncha to‘palang yalla orasida Zebining ovozidan boshqa ovozlarni, nechikdir, farq etolmasdi. U ovozni eshitish bilan ko‘nglining chuqur joylaridan xuruj qilib kelgan allaqanday totli bir sevinchni yashirolmadi: – Zebinisaning ovozini aytaman, Xolmat aka… – dedi u, o‘zi shu so‘zni aytganidan keyin, negadir, biroz qizara tushib yerga qaradi. – Chakki emas! – dedi Xolmat. So‘ngra so‘radi: – Oti Zebinisami? – Ha, Zebinisaxon! Yigitchaning shu «xon» degan qo‘shimchasida «mening Zebinisam» degan ma’noda bir maqtanish, bir g‘urur ohangi bor edi. Bu ohang juda ochiq eshitilgan bo‘lsa kerakki, Xolmat darhol fahmiga bordi va «O, haromiyey!» deganday qilib unga qaragach: – Yurakdan urgan ekan-a!.. – dedi. Yigitcha bu so‘zdan o‘ng‘aysizlandi va tona boshladi: – Yo‘g‘-e, ovozi soz deyman-da, ovozi! – dedi, lekin tili gapirgani bilan, yuragi «yolg‘on, yolg‘on» deb turganini o‘zi ham bilar, Xolmatning ishonmasligiga aqli yetardi. Shu uchun masalani chuqurlashtirmasdan so‘zni boshqa tomongaroq burishni ep ko‘rdi. – Ovoziga nima deysiz, chinakam qiyomat-a? – dedi Xolmatga. – Ha, ovozi joyida. Saltanatxondi o‘rtog‘imi? – Eng yaqin o‘rtog‘i. – Kimning qizi o‘zi? – Razzoq so‘fi degan bir odamning… – Razzoq so‘fi? – Ha, Razzoq so‘fi. Xudo bergan lekin so‘figa! – Xaridori ham ko‘pdir? – Sovchining ko‘pligidan ostonasi yeyilib ketgan deydilar… Bilmadik, qaysi toleyi balandga nasib bo‘lar ekan! – Xudodan tilab turing, «noumid shayton» degan gap bor… Shu so‘zlarni ayta turib Xolmat ham yigitchaga shayton qarashi bilan qaradi. Bu vaqtda ashulla chi qizlar yalladan to‘xtaldilar, ingichka-yo‘g‘on ayol ovozlaridan iborat kuchli bir xorning: – Bor bo‘lsinlar! – degan olqishi yuksaldi. Erkaklar o‘z olqishlarini ichlarida saqlamoqqa majbur edilar. Ularning to‘planganlarini bir-ikkita kampirdan boshqa hech kim bilmas edi. Yalla bitgach, ba’zi qizlar o‘rinlaridan turib, u yoq-bu yoqqa jilishdilar: ba’zilari o‘choq boshiga choy olgali ketdilar, ba’zilari joylarini almashtirib, yaqin ko‘rgan o‘rtoqlarining yonlariga o‘tib o‘tirdilar. Endi erkaklar ham o‘zlarini orqagaroq olmoqqa majbur edilar, ular ham jilishdilar. Mehmonlardan Qumrixon birdaniga tutning tagiga borib qolib, u yerda ikki erkakning o‘ziga qarab kulib turganini ko‘rgach, «Voy o‘laqolay!» deb uyalib orqaga qaytdi. Yana Saltining yoniga borib o‘tirgach, pichirlabgina: – Tevaragimizni shundoqqina qishloq yigitlari o‘rab olishibdi. Bilmasdan tutning tagiga borib qolsam, ikkitasi menga qarab baqrayib turibdi… Bittasi o‘zimizning aravakashmi… Bu vaqtda bu ikkala qizning nimalar deb pichirlashayotganidan vasvasaga tushgan Zebi sekingina bo‘ynini cho‘zib, gapga quloq soldi. U faqat Qumrining so‘zini – «bittasi o‘zimizning aravakash…» degan so‘nggi so‘zini – eshita oldi. Yuragi o‘ynadi… va darhol burilib tashqariga qaradi. Chirog‘ning xira ishig‘ida kampirlarning ivirsib yurganlarini ko‘rdi. Boshqa hech narsa ko‘rinmasdi. Yurak o‘ynashi bosilmadi. Lablari titramoqqa boshlagan edi… Birdaniga o‘rnidan turdi: qizlar yo‘l bo‘shatdilar, ularni oralab o‘tdi. Ayvondan chiqib olguncha hammaning ko‘zi unda edi, ayvondan sahnga tushgach, qizlar yana o‘z suhbatlariga mashg‘ul bo‘ldilar. Sahnda uni poyloqchi kampir qarshi olib peshonasidan o‘pdi: – Ilohim, yomon ko‘zdan saqlasin, bolam! – dedi. Ikkala ko‘zidan yana bir martadan o‘pgach, ichkari uyga tomon burildi. – Ha, xola, uyda nima qilasiz? – deb so‘radi Zebi. – Uxlayin, bolam, men qari narsa yarim kechagacha o‘tirolamanmi? Sizlar, yosh-yalang, o‘ynab-kulib ko‘ngillarni yozinglar. Men orom olay… Poyloqchining bu xislati hammaga ma’qul edi. Ayniqsa, shu topda ko‘ngli allaqaylarga tortayotgan Zebi uchun bir xil ezma kampirlardan ko‘ra bu – kamgap, seruyqu kampir yaxshi edi. Yuragi urgani holda bitta-bitta bosib qorong‘ilikka kirdi. U ham tut tagiga – katta so‘rining yoniga borayotir edi. Qorong‘ida turgan aravakash yigit yorug‘ tomondan kelayotgan qizni tanidi, birdaniga: – Ana, o‘zi kelayotir! – deb qichqirdi. Uning bu qichqirishi ixtiyorsiz bo‘lgan edi. Allaqachonlar masalaning fahmiga borib qolgan Xolmat shu topda yigitchadan yiroqlashuvni ep ko‘rdi. Unga ma’nili qarash bilan kulimsirab qarab, yelkasiga bir-ikki urgach: – «Umidsiz shayton» dedim-ku, uka… Mana, biz ketdik… – dedi va quyuq qorong‘ilikka kirib, yo‘q bo‘ldi. Yigit esa Xolmatning bor-yo‘g‘ini farq etolmaydigan holda edi. Shunday paytlarda og‘izdan ixtiyorsiz chiqishi lozim bo‘lgan «bor bo‘ling», «o‘lmang» kabi minnatdorlik so‘zlari ham esiga kelmasdi. U yuragini hovuchlagani holda, ixtiyorsiz qari tutning yo‘g‘on badaniga yopishdi… Zebi yigitchaning «ana, o‘zi kelayotir!» degan so‘zlarini eshitgan edi. Agar esi o‘zida bo‘lsa, u ham Qumri singari «voy o‘laqolay!» deb qaytib ketishi kerak edi. Holbuki, u o‘zini bilmasdan va hech narsa o‘ylayolmasdan telba qadamlar bilan bitta-bitta bosib ilgari yurardi… Uning oyoqlari allaqanday yomon bir kuchning afsuniga ilashganlar, o‘sha kuchning sudragan tomoniga borardilar. Yosh qiz o‘z ko‘nglining birinchi marta o‘ziga begonalashganini, o‘zidan boshqa bir kuchning ko‘ngliga egalik qilganini sezardi… Zebi tegrasiga bir ko‘z yugurtib olgach, qadam bosishini sekinlatib, katta tutning o‘ng tomonida to‘xtadi. Yigitcha chap tomonda edi. Ikkalasi ham anchagacha jim qoldilar. Qaysi biri oldin gap boshlashni va nima deyishni bilmasdi. Nihoyat, yigitcha bir gap topgan bo‘ldi. – Bugun sahar… aravani qo‘shamanmi? – Nimaga? – Ketmaymizmi? Zebi javob berolmay qoldi… Bu savolga javob bo‘lgunday bir so‘z uning shu topda juda yomon g‘ovlab ketgan miyasiga yaqin kelmasidi. So‘zga-so‘z qaytarmoq uchungina: – Shoshiltirib nima qilasiz? – dedi va bu so‘zlarning o‘z og‘zidan uzilib tushib borganini sezdi. Shu topda o‘z ovozi ham o‘ziga yot edi, shu so‘zlarni aytayotgan ovoz uning o‘z qulog‘iga soyning narigi betidan kelayotganday eshitilardi. Yigitcha o‘zini to‘xtatib olgan edi. Endi u dadillanib va kulib turib qo‘lini tutning o‘ng tomoniga uzatdi. Faqat, ikkalasining orasi ancha yiroq bo‘lganidan boshqa bir qo‘l uning qo‘liga urinmadi. Holbuki, Zebi birovning qo‘l uzatganini payqaydigan holda emasidi. Yigitcha Zebidan muqobala ko‘rmagach, qo‘lini tortib oldi va endi, bu safar bo‘ynini egib ikki ko‘zi bilan qizni axtararkan, quvnoq bir ovoz bilan: – Hali bir-ikki kun o‘ynaymizmi? Otga dam beramizmi? – dedi. Zebidan javob bo‘lmagach, ilova qildi: – Xayr, mayli, sizlar qachon «qo‘sh» desanglar, shunda qo‘shaman. Zebi tutga suyangan, o‘zining qayda turganini unutayozgan, shuncha gapga bir og‘iz javob bermasdan og‘ir o‘ylarga tolgan edi. U shu topda o‘zining yaqin kelajakdagi qora kunlarini, qay rangda ko‘rinishi ma’lum bo‘lmagan baxti, toleyini o‘ylardi. Uning butun baxti Razzoq so‘fining johil vujudiga bog‘liq emasmi? O‘sha sovuq so‘fi shu quvnoq jonni va sayroq qushchani istagan vaqtida baxtli yo baxtsiz eta olmaydimi? Uning bir og‘iz «ha» yoki «yo‘q» deyishi qiz bechoraning behad quvnab yayrashiga yoxud xazon yaprog‘iday bir nafasda so‘lib nobud bo‘luviga yaramaydimi? Qiz sho‘rlik u bir umr qovog‘i soliq va yuzi kulmas otadan hech bir xayriyat kutmaydi. Otasi to‘g‘risida o‘ylagan vaqtida o‘zini o‘limga mahkum bir odam, otasini mahkumning jallodi kabi ko‘radi… va titraydi! Bu qishloq sayohati, aravakash yigitcha bilan tasodifan tanishib qolishi, shu tanishuv orqasida ko‘nglida sezgani besaranjomliklar bechora qizni haligidek qora o‘ylarni o‘ylashga majbur qilgan edi. U xil qora o‘ylar uning uchun yangi emas, albatta. Yoshi balog‘atga yetib, uylari sovchilarning qatnov yo‘llariga aylanganidan beri u sho‘rlikning qora o‘ylarga botmagan kuni yo‘q! Faqat, shirin bir umid bilan, ko‘zda ko‘rilib, qo‘lda tutilgan – naqd bir umid bilan birga kelgan qora o‘ylar qiz bechorani yomon ezib tashlaydi! Bir-ikki kundan beri ashulla , o‘yin deganda o‘zini bilmas darajada berilib ketishi shu iztiroblarning hordig‘ini chiqarish uchun emasmi? Ko‘ngliga og‘ir tashvishlar solgan yigitchaning shundoq yonginasida juda shirin xayollar bilan birga juda qora o‘ylarga botib turgan vaqtida, birdaniga ayvon tomondan bir ovoz eshitildi: – Hay, nima bu hammayoq jimjit bo‘lib qoldi? Zebinisaxon qanilar? Saltanatxon, aylanay, o‘rtoqjoningizni topmaysizmi? Yana bir ovoz qo‘shildi: – Rost-a, hammayoq muzlab ketdi! Hay qizlar, sizga nima bo‘ldi? Birdan bir necha ovoz ko‘tarildi: – Zebinisaxon, Zebinisaxon! Qizlar o‘rinlaridan turib u yoq-bu yoqqa yurishib qoldilar. Bu qichqirishlar har qanday og‘ir uyqudan uyg‘otishga yarardilar. Zebi ham yarim mastlik holatidan seskanib uyg‘ondi va apil-tapil javob qildi: – Mana men… Hozir boraman… hozir… Faqat, bu safar uning ovozi kasal odamning ovozi singari darmonsiz va jonsiz chiqardi. Yigit buni angladi va tezgina: – Boring, bemalol o‘yin-kulgingizni qiling! Hech narsadan qo‘rqmang, hech bir g‘am yeya ko‘rmang! – dedi. So‘ngra darhol o‘zini tutning panasiga oldi. U yoqdan bir-ikkita qiz yugurib kelib, Zebini yetaklab ketishdi, shularning biri mingboshining kichik xotini Sultonxon edi. Bu safar faqat o‘yin bo‘ldi. Yosh juvonlar va qizlarning hammasini deyarlik tortdilar. Shaharliklardan yaxshi o‘ynagan Qumri bo‘ldi. Qishloq qizlaridan ikki-uchtasi yaxshi o‘ynadilar. Hatto kampirlarni ham tortdilar. Enaxonning onasi, o‘zi pakana va uning ustiga bukchaygan kampir, o‘yin qilgan bo‘lib hammani kuldirdi. Enaxonni ko‘ndira olmadilar. U «men xizmatlaringdaman» degan bahonani qildi. Mingboshining qizi bir-ikki aylanib to‘xtadi, kichik xotini esa ko‘nmadi: uni ko‘p ham zo‘rlay olmadilar. Zebi esa dutorchilar va ashulla chilar bilan birga yengil-yengil yallalar qilib turdi. O‘yin tamom bo‘lib, palov dasturxoni yozilganda, oy ancha balandga ko‘tarilgan edi. Oshdan so‘ng qishloq qizlaridan o‘ziga durustroq bir dehqonning qizi o‘rnidan turib: – Ertaga mehmonlarni biz kutamiz, – dedi. Shundan keyin mingboshining kichik xotini Sultonxon katta kundoshining qizi bilan gapni bir joyga qo‘yib o‘rnidan turdi va Enaxonga tomon yuzlanib: – Bo‘lmasa, mehmonlaringiz indinga biznikida bo‘lishadi, – dedi. –Tuzukmi? Endi bizga ruxsat! U kundoshining qizi bilan birga ayvondan pastga tushib, kavshini kiya boshlagach, boshqa qizlar ham bitta-bitta o‘rinlaridan turdilar. Shunday qilib bu qiyomat yig‘in kecha yarim bo‘lganda guv-guv bilan tarqaldi. Kecha va kunduz — 4-bob Kundoshining qizi bilan apoq-chapoq bo‘lib uyiga qaytgan Sultonxon, mingboshining shaharga ketgan bo‘yicha qaytmaganini bilganidan keyin, o‘z uyiga kirdi va joy solib, yechinib o‘tirmasdan shundoqqina to‘shakchaning ustida birgina yostiqqa bosh qo‘yib uyquga ketdi. Ertalab uyqudan ko‘zini ochganida bosh tomonida yonqo‘shni xotinlardan Umrinisabibi o‘tirardi. Tez-tez chiqib mingboshi oilasining ro‘zg‘or ishlariga qarashib, ko‘rpa va to‘nlari bo‘lsa qavib, paxtalarini savab beradigan o‘rta yoshlardagi bu xotin shu yo‘l bilan kichik qiziga sep orttirardi. Katta qizini bundan ikki yil burun chiqargan, endi bu qizi odam ko‘ziga ko‘rinib kelardi. Sultonxon ko‘zini ochar-ochmas: – Yaxshi chiqibsiz, Umrinisa xola, – dedi, – o‘zim ham chaqirtirmoqchi edim. Ertaga Enaxonlarnikidagi shaharlik mehmonlar chiqishadi. Osh-suvga qarashib bermasangiz bo‘lmaydi. Bugun bir-ikki tandir patir yopib olsak, deyman… – Men ham shu to‘g‘rida siz bilan gaplashgali chiqib edim, – dedi Umrinisabibi. – Juda yaxshi bo‘libdi. Nonushtani qilib, xamirga urina beraylik bo‘lmasa. Bir-ikki joyga borib dutor-mutor so‘rab keladigan ishlaringiz ham bor hali. Umrinisabibi o‘tirgan ko‘yi surinib Sultonxonga yaqin keldi: – Men sizga boshqacha maslahat bilan chiqib edim… – dedi. Bu so‘zlar yarim pichirash ovozi bilan va ham ko‘zlar ikki tomonga jalanglab turib aytilganidan kelinchakning ko‘ngli duv etib oldi. U ham Umrinisabibi tomonga o‘girildi: – Nimaga pichirab gapirayotirsiz? Nima demakchisiz? Yaqinroq kelsangiz-chi! Imillamay qoling, ilohim! – dedi. Umrinisabibi endi kelinchakning xuddi qulog‘iga egildi: – Shaharlik mehmonlarni ertaga chaqiribsiz, eshitdim. Kecha kechqurun mening Bahrim o‘sha yerdaydi… Shu so‘zni aytgach, u bir nafas jim qoldi. Kelinchakning kichkina, qop-qora va o‘ynoqi ko‘zlari keng ochilib, qo‘shni xotinning og‘ziga tikilgan edi. Umrinisabibi yana bir qur ko‘zlarini jalanglatib olgach: – Kishi degan o‘z tomiriga bolta chopadimi? – dedi. – Kechasi bilan uxlayolmasdan shuni o‘ylab chiqdim… Sultonxonning rangi o‘cha boshlagan edi, ikki betidagi shapaloqday qiziliga so‘lg‘unlik yugurdi. Og‘zi yarim ochilgan, ko‘kragi bir yotib-bir turmoqda, darmoni tanidan uzoqlashib borardi. – Gapiring tezroq… nima demakchisiz? – dedi u hansirash bilan. Umrinisabibi bo‘ynini imkon boricha cho‘zib turib ochiq eshikdan tashqariga qaradi. So‘ngra yana kelinchakning qulog‘iga egilib dedi: – Kelin bo‘lib kelganingizga endi besh oy bo‘ldi. Halitdan boshingizga yangi kundosh orttirmoqchimisiz? Eringizning qayliqbozligini bilardingiz-ku! Sultonxon: – Voy, o‘laqolay!.. Jinni bo‘libman men! – deb qichqirdi va yuzini yostiqqa qo‘yib, chap qo‘li bilan boshiga mushtladi… – Yoshlik qilibsiz, aylanay. Bilmabsiz. U ashullachi qizning dovrug‘i dunyoni bosdi… Hammaning og‘zida o‘sha. Eringizday uchiga chiqqan xotinboz u bulbulnikiday ovozni o‘z qulog‘i bilan eshitsin-u darrov sovchi qo‘ymasin – bo‘ladimi, qalay? Kelinchak birdaniga yotgan yeridan turib, Umrinisabibining yelkasiga osildi: – Nimasini aytasiz, xolajon? Men esimni yebman, esimni!.. Endi nima qildik, endi? Aytsangiz-chi, nima qildim endi men? Umrinisabibi uning boshini muloyim-muloyim siladi: – Endi hovliqmang, – dedi u, – bo‘lar ish bo‘ldi. Bir ish qilib zarar yetadigan tomirini kesaylik! – Endi iloji bormi, qalay? – Shoshmang, o‘ylaylik. Bir maslahat topilib qolar. Ikkalasi jim qolib o‘yga botdilar. Umrinisabibi oq doka ro‘molining uchini tugumlab o‘ylanar, kelinchak esa qo‘lidagi tilla uzugini barmog‘idan olib o‘sha bilan o‘ynarkan, xayol surardi. Birdaniga tilla uzukni o‘z ko‘zi oldiga olib bordi, u yoq-bu yog‘ini aylantirib xo‘p qaragandan keyin, sekingina qo‘l uzatib uni Umrinisabibining sinchalog‘iga kiygizib qo‘ydi. Bu vaqtda zo‘r berib o‘y o‘ylamoqda va tadbir axtarmoqda bo‘lgan Umrinisabibi tilla uzukning o‘zga qo‘ldan o‘z qo‘liga o‘tganini ikki ko‘zi bilan ko‘rib tursa-da, bu katta topishning qiymatini payqayolgani yo‘q edi. Keyin uzukka qarab turib uning qanday qiymatli narsa ekanini, qizi Bahri uchun zo‘r bir davlat qozonilganini eslagach, sevinchdan yuzlari alvon tovlab ketdi va tezgina uzukni barmog‘idan chiqarib, ro‘molining uchiga mahkam tugib qo‘ydi. – Qani, gapiring, xola! – Nima deyishimga hayronman… Mehmonlarni chaqirib qo‘yibsiz. Endi bir iloj qilib qaytarish kerak. Kundoshlaringizga bildirmasdan ish tutish kerak. Xayriyatki, kundoshingizning qizi chaqirmabdi. U chaqirganda yomon bo‘lardi. – Men o‘lgur, o‘sha kuni Zebixonning ovoziga mast bo‘lib, hech narsani o‘ylayolmabman-da! Kundoshimning qiziga «siz chaqirsangizmikan, men chaqirsammikan?» deb maslahat solibman-a! Muni qarang! Xayriyat, u qiz eslilik qilib, «Men buvimdan beruxsat mehmon chaqirmayman. Siz kattasiz, o‘zingiz chaqiring» dedi… – Aslini o‘ylaganda, u ham esipastlik qilibdi. Lekin uning bu esipastligi sizning foydangiz. Umrinisabibi bir ozgina jim qolgach, yana kelinchakning qulog‘iga egildi: – Endi siz bir ish qilib tobingiz qochgan bo‘lasiz-u, men borib Enaxonga aytaman. «Boshini ko‘tarib qolsa, men o‘zim xabar qilaman» deyman. Shu bilan qolib ketadi… Mehmonlar bugun-erta qaytib ketishar emish. Zebixon juda so‘fi odamning qizi ekan. Otasi bir-ikki kunga bazo‘r ijozat bergan emish… Kelinchak hali ham o‘ziga kelmagan edi, yana Umrinisabibining bo‘yniga osildi: – Qanday bo‘lar ekan? Juda xunuk bo‘ladi-da. Butun qishloqqa gap tarqaladi… Bu kundoshlarim, deng, tarqatmay qo‘yishadimi? Boshqa bir ilojini topsak yaxshi bo‘lardi. Kelinchak Umrinisabibining ko‘zlariga bir oz tikilib turgach: – Shu topda onam notob bo‘lib chaqirtirsa xafa bo‘lmas edim! – dedi. – Bo‘lmasa, onangizni kasal qilaylik. U sizni jadallatib chaqirtirsin. Siz uzr aytib, jo‘nay bering… Shu shaharlik qizlar ketguncha, onangiznikida turganingiz ham yaxshi. – Muni qanday qilamiz? – Bu oson. Men hozir paranjimni yopinib sizlarnikiga jo‘nayman. Hamma gapni onangizga uqtirib, tezda qaytaman. Orqamdan duma-dum odam keladi, siz keta berasiz. Kech payt men o‘zim kirib, Enaxonga aytib qo‘yaman. Kelinchak bu maslahatga tamom qoyil bo‘lgan edi. Umrinisabibining ko‘zlaridan o‘pdi: – Bu yaxshiligingizni bir umr unutmayman, xola, – dedi. – Qizingizni, xudo xohlasa, o‘zim to‘y qilib, o‘zim uzataman! Siz darrov jo‘nang! Ana, mistovoqda non, likopchada mayiz bor; nondan, mayizdan olib yo‘lga tushing! Tez bo‘ling, jon xola! Umrinisabibi irg‘ib o‘rnidan turdi, non bilan mayizning hammasini ro‘molchasiga tugib, uydan chiqdi. Uning uydan chiqib o‘z hovlisiga tomon ketayotganini kelinchak eshik oldida kuzatib turdi. Tashqarida kundoshlardan biri Umrinisabibidan nima qilib yurganini so‘ragan bo‘lsa kerak, u kichkina darichani ochib, bir oyog‘ini o‘z hovlisiga qo‘yarkan, baland ovoz bilan: – Sultonxon ertaga mehmon chaqirtirmoqchi ekan, shunga qarashib beray deb chiqib edim! – dedi. Bu baland va keskin ovoz Sultonxonning qulog‘iga juda xush yoqar edi… Ashullachi qizning o‘zlarinikiga mehmon bo‘lib kelajagini eshitgandan beri mingboshining o‘rtanchi xotini Poshshaxon juda xursand edi. Faqat, erining shaharga ketib bedarak yo‘qolganiga achinardi. Shaharda bo‘lmasdan shu yerda bo‘lsa, bir ish qilib shaharlik qizning ovozini unga eshittirish va shu yo‘l bilan kundoshning ustiga kundosh keltirish qiyin emasligini yaxshi bilardi. Erining xotinbozligi esa bir unga emas, butun dunyoga ma’lum edi. Zebini bir ish qilib mingboshiga olib berish ustida o‘zining burungi dushmani, ya’ni katta kundoshi Xadichaxon bilan ittifoq bog‘lashdan ham tortinmasidi. Shu uchun bo‘lsa kerak, bugungi nonushtani uning uyida qildi: eng mahram sirlarini aytgan bo‘lib, uni o‘ziga moyil qildirishga urindi. – Eringizdan shu choqqacha darak yo‘q-a? – dedi u kulib turib. Xadichaxon ham o‘sha xilda kulish bilan javob berdi: – Ha, eringiz shaharda qolib ketdi. Bilmadim, yana bitta-yarimtaga nazari tushdimikin? – Nazarlari qursin u kishining? Hadeb tusha berar ekan-da… – Siz-biz tushmasin deganimiz bilan, tushmay qolarmidi? Xudo o‘zi tushadigan qilib yaratgan ekan-da. – Xudovandikarim bu erkaklarni muncha yaxshi ko‘rar ekan, a… – O‘zimizdan qiyos-da… Oramizda erkakni yaxshi ko‘rmaydigan kim bor?.. Nondan oling! Qiyomga qarab o‘tirsangiz-chi… – Non bilan qiyom har kun bor… Boshqa dardlardan gapirishaylik. – Non bilan qiyom har kimnikida yo‘q. Bu ham bornikida bor. Shukur qilsak bo‘ladi… – Ming qatla shukurku-ya… O‘z boshingizdan o‘tgan, bilasiz, ko‘ngulni tintalagan bir narsa bor… – Mening ko‘nglim tintalanib-tintalanib ado bo‘lgan, aylanay… Ko‘nglimdagi olovning quruq kuli qolgan, xolos. Endi, xudoning taqdiri bilan, mening kunlarim sizning boshingizga tushibdi. Insof qilganda, aylanay, bu kunni xudo hech bir bandasining boshiga keltirmasin. Nondan olib o‘tiring… Poshshaxon o‘z kundoshining bu gaplaridagi achchiq kesatmalarni, to‘ppa-to‘g‘ri o‘z bag‘riga borib sanchiladigan nayzalarni bilib va sezib o‘tirardi. Chinakam, bir zamon o‘zi shu bechora xotinning ustiga kundosh bo‘lib kelib, uning yuragini timtalagan, uni rashk va ko‘rolmaslik olovlarida yondirgan edi. U vaqtda o‘zi – kuldi, ochildi, quvondi, gerdayib, osmondan qarab qadam bosdi… Xadichaxon esa – ezildi, kuydi, o‘rtandi, xo‘rlanib-xo‘rlanib achchiq-achchiq yig‘ladi. Faqat, hali bo‘yida bo‘lmay turib o‘zining peshonasiga ham kundosh bitdi… Butun g‘ururi sindi, gerdayishi poymol bo‘ldi, sevinchi so‘ndi, yuzi so‘ldi, lablari xazon rangiga bo‘yandi, umidlari uzildi, oyoqlari zo‘rg‘a-zo‘rg‘a sudralib jiladigan holga keldi. Sultonxon kelgandan beri uning lablari ikki tishi orasidan chiqmas, ko‘zlari sal narsaga yosh olib yuborar, ko‘kragida devlar irg‘itgan og‘ir toshlardan biri ko‘ndalang kelib yotardi… Durust, qorni to‘q, ust-boshi joyida, qavat-qavat sarpo, og‘ir mehnat yo‘q… Lekin yonginasida boshqa bir yulduz charaqlab, ko‘zlarini qamashtirib turgandan keyin bu davlatlardan nima foyda?.. Xadichaxonning bu haqli kesatishlaridan keyin cho‘kkan og‘ir bir jimlik ichida faqat og‘izlargina quruq nonni chaynashdan chalaplar ekan, Poshshaxon shu narsalarni o‘ylardi. Bugun, o‘zining eski dushmani oldida, dushmanning haq ekanini iqror qilish, albatta, yengil emasidi. Faqat, narigi – kichik kundosh mingboshining kumush kamarida eng a’lo naqsh bo‘lib yonib turganda, bu zararsiz kundoshning haqligini iqror qilib va uning siniq ko‘nglini ovlab, shu bilan uni qo‘lga olmoq, hozir ikkala xotin uchun baravar kundosh bo‘lgan kichik xotinga qarshi o‘t ochmoq lozim edi. Bo‘shalgan piyolani chertib uzatarkan: – Aytganlaringiz rost, – dedi Poshshaxon.– Aytgan gaplaringiz achchiq bo‘lsa hamki, rost. Bu to‘g‘rida men sizga hech narsa deyolmayman, ayniqsa, men kelganda bolalik edingiz siz… Bilaman. Kundoshining qo‘lidan sovibroq qolgan bir piyola choyni oldi-da, bir-bir ketin ikki-uch ho‘plab, bo‘shalgan piyolani yana qaytardi. So‘ngra davom etdi: – U yog‘ini o‘ylaganda, na sizda ayb bor, na menda. Qaysi birimiz bu odamga o‘zimiz xohlab tegibmiz? Hammamizni ota-onamiz bizdan so‘ramay-netmay uzatgan. Bizning ko‘z yoshlarimizga kim qaragan deysiz?.. Shu yerda Xadichaxon e’tiroz qildi: – Yo‘q, unday demang. Men o‘zim xohlab tekkanman. U vaqtda kuyovingiz yosh edi, muncha katta amaldor emasidi, nihoyati ellikboshi edi. Birinchi xotinidan bola bo‘lmagan ekan, ikki-uch yil umr qilishganlaridan keyin xotini o‘lib ketgan. Meni olgan vaqtida «sen ko‘z ochib ko‘rganimsan» derdi… Mening hech bir noliydigan yerim yo‘q edi. Toleyimdan xafa emas edim. Bu orada mana bu Fazilat tug‘ildi. Bola degan ota-onani bir-biriga bog‘laydi… Fazilat tug‘ilgandan keyin men juda xursand edim. Xuddi o‘sha paytlarda onam o‘ldi. Otam hajga ketib, u yerda qoldi. Shuncha musibatlarni qiynalmasdan o‘tkazdim. Nimaga desangiz, uyimdan ko‘nglim to‘q edi… Shu yerga kelganda Xadichaxon ko‘ziga yosh oldi, shapaloq gulli obiravon ko‘ylagining uzun yengi bilan ko‘zlarini artdi. So‘ngra yoshli ko‘zlari bilan tashqaridagi so‘rida ochiq-sochiq yotgan va boshiga oftob tushib qolgan Fazilatga qaradi. Choynakdagi so‘nggi ikki ho‘plam choyni quyib, bir hamlada ichib bitirib, choynak-piyolani narigi yoniga olib qo‘yganidan keyin so‘zida davom qildi: – Buningiz amaldor bo‘lgandan keyin aynidi. Mingboshilik yomon hovliqtirdi. O‘z qishlog‘ini tashlab bu yerga ko‘chdi. Bu katta hovlini sotib oldi. Mana bu katta imoratlarni soldirdi. Bog‘-rog‘ qildi, yer-suv ko‘paytirdi. Ko‘ngli boshqa savdolarga, o‘zga ko‘ylarga tushdi… Bola ham ko‘ziga ko‘rinmadi, xotin ham. Yoniga «habbarakallachilar» kirishdi. Xotin topadigan, maslahat beradiganlar ko‘payishdi. Bir haftaning ichida to‘y qilib, mening ustimga sizni keltirib qo‘ydi. Shu yerga kelganda Poshshaxon chidayolmadi: – Men xohlab kelgan bo‘lsam ekan… Oyog‘imdan bog‘lab, bir cho‘riday olib keldilar… Tug‘ilganimga, yoshligimda kasal bo‘lib o‘lib ketmaganimga o‘kina-o‘kina kelganman. – Bilaman, aylanay, bilaman… U yog‘ini so‘rasangiz, bu ayol toifasining ko‘pi ota-onaning zo‘ri bilan erga tegadi. Shunday bo‘lsa ham, siz menga kundosh bo‘lib kelgansiz-da… – Kelmay o‘la qolay men! Sizga kundosh bo‘lib necha yil, necha oyim rohatda o‘tdi? Siz-ku besh-olti yil rohat ko‘ribsiz, armoningiz yo‘q… Men sho‘rlik bir yil ham yayraganim yo‘q. Bir kechaning ichida to‘y ovozi chiqdi-yu, ertasi kuni namozshomda Sultonxon kirib keldi… O‘lganim yaxshi emasmi bu kunimdan? Otam o‘lgur muning yer-suviga, davlatiga qiziqdi, «yax» deb turib oldi. Bu davlatlardan unga nima foyda?.. – Davlati qursin, davlati!.. Enaxonning kelinbibisiga rashkim keladi… Davlat asari yo‘q. Ro‘zg‘orlari zo‘rg‘a o‘tadi. Qo‘zichoqday ikki bolasi bor. Eri hamisha yonida… Kundosh alami yo‘q… – Nimasini aytasiz… Ikkovi ham jim bo‘ldilar. Bir ozdan so‘ng gapni yana Poshshaxon boshladi: – Men chidolmayman aslo, men chidolmayman! Men aslo chidolmayman bu alamga! So‘ngra jalanglab tevaragi-atrofga qarab olgach, dasturxon ustidan kundoshiga egilib, dedi: – Yana bittani olib berib, mana bu yashshamagurni qonqora qaqshatsam… Kibr-u havolarini sindirsam… Shashtini qaytarsam… Hovliqishini bossam… Undan keyin sizning dasturxoningizni solib, qo‘lingizga suv berib, qizingizning choklarini tikishib, xizmatingizni qilib yotardim! Xoh ishoning, xoh ishonmang!.. – Shu topda siz alamzadasiz, yolg‘on aytmaysiz… Kundoshlik olovlari zotan so‘nib bitgan bu bolali xotinga kechagi dushmanning bu kungi xushomadlari shirin eshitildi. Sultonxonning ustiga yana biri kelsa, demak, to‘rtinchisi bo‘ladi va kundoshlik alami yana ham yiroqlashadi. Shuni o‘ylab, Xadichaxon kechagi kundoshining bugun yordam so‘rab uzatgan qo‘lini qabul qilishga yo‘q demas edi. Faqat, Poshshaxonning yana ham ochiqroq va aniqroq gapirishini, to‘g‘ridan to‘g‘ri birlik taklifida bo‘lishini kutardi. Kundoshi kutdirmadi: – Qars ikki qo‘ldan chiqar ekan! Ikkalamiz bir bo‘lsak, Sultonni tuzlaymiz. Undan keyin kundoshlik alami sizdan ikki pog‘ona, mendan bir pog‘ona yiroqlashadi. Ikkovimiz ham xotirjam bo‘lib opa-singil tutishamiz. Shu davlatni qancha kerak o‘z qo‘limizga olib, o‘rtada baham ko‘rishamiz. Yoshligimiz shamolga ketib bo‘ldi… Endi davlatdan bir narsa olib qolaylik. Qariganimizda asqotadi… Xadichaxonning kutgan so‘zlari shu edi. Zotan, bu so‘zlar uning o‘z ko‘nglidagi so‘zlarning xuddi o‘zi emasmidi? O‘zi yolg‘iz qolgan vaqtlarida doim shu to‘g‘rida o‘ylab, shu xil tilaklarda bo‘linmasmidi? Demak, bugun ikkala kundoshning yuragi bir zarb bilan uribdi! Ikkala kundosh bugun bir-birlarini anglab, bir-birlariga qo‘l uzatibdilar! Mundan yaxshi nima bor? Bir kishi qilolmagan ishni ikki kishi qila oladi. Ikki kishi qilolmaganini uch kishi qiladi. Gap o‘sha uch kishining bir-biriga qo‘l uzatib, maslahatni bir qilishida! – Soz bir qizni to‘g‘ri qilsangiz, hali ham yo‘q demaydi u fosiq! O‘ylashaylik bo‘lmasa… – dedi Xadichaxon. Kundoshi birdaniga o‘rnidan turib, uning yoniga o‘tdi va xuddi jonajon o‘rtoqlarday qo‘lini yelkasiga tashlab, betlaridan o‘pib-o‘pib oldi. Bu o‘pish riyokor va aldamchi o‘pishlardan emasidi. Balki, aksincha, chinakam va astoydil edi. Shu topda Poshshaxonning butun vujudini kundoshlik olovi o‘rab olgan, ko‘zlari olovning alangalari ila chaqnab yonmoqda, ikki yuzi uning harorati bilan qip-qizil cho‘qqa aylanganidi… Shu osilish va shu o‘pishlar bilan o‘zining astoydilligini bildirgandan keyin, Poshshaxon irg‘ib o‘rnidan turdi, yugurib borib eshik va derazalarni qarab keldi-da, dedi: – O‘ylab o‘tirish nega kerak? Dunyoning eng soz qizi o‘z oyog‘i bilan qishlog‘imizga kelib o‘tiribdi… U qizning ta’rifini eringizga eshitdirsak, bir iloj qilib qizning o‘zini ham mehmon qilib chaqirsak… tamom! – Siz kimni aytayotirsiz? – Enaxonning shaharlik mehmonlaridan Zebixon degan ashullachisini… Xadichaxon tan berganday qilib kundoshiga qaradi-da, dedi: – Topibsiz-a!.. Esingizga qoyilman! U qizning ta’rifini men ham eshitdim. Balo emish… – Shunday bo‘lgandan keyin bizning ishimiz yana ham yengillashadi. U qizni eringizga maqtab eshitdiradiganlar bizdan boshqa ham ko‘p topiladi. Men bilan Sultonni maqtab yedirganlar shunday qizni aytmaydi deysizmi? Tashqaridan yo‘talgan ovoz eshitildi. So‘rida yotgan Fazilat o‘rnidan turib kelayotir edi. Ikkalasi ham bu suhbatni shu joyda uzib, mayda-chuyda ro‘zg‘or gaplariga ko‘chdilar. Birozdan so‘ng bet-qo‘lini yuvib Fazilat kirdi. U ostonaga qadam qo‘yar-qo‘ymas, onasi: – Bet-ko‘zingni yuvdingmi? – deb so‘radi. – Ha! – dedi qiz. – Bo‘lmasa, o‘choqda kichik choynakda choy bor, ola kir. Nonushtangni qilasan. Qiz choyni keltirib qo‘yib, dasturxonga o‘tirar-o‘tirmas gap boshladi: – Kechasi charchab kelib uxlab qolibman. Bo‘lmasa, sizlarni uyg‘otib ko‘rganlarimni gapirib berar edim. – Nimalarni ko‘rding? – deb so‘radi onasi. – Qani, gapirib bering-chi, – dedi Poshshaxon. – Nimasini aytasiz! Zebixon degan bir ashullachi kelibdi, ovozini eshitsangiz mast bo‘lasiz! Bular ikkalasi bir-birlariga qarashib, miyig‘larida kulib qo‘ydilar. – Yana kimlarni ko‘rding? – Zebixon bilan kelgan boshqa qizlar ham biri-biridan yaxshi, biri-biridan soz, biri-biridan ochiq, biri-biridan quvnoq… Onasi «pix-x» eta kulib yubordi va eshitilar-eshitilmas qilib: – Pog‘onani yana ham nariga cho‘zsak bo‘lar ekan! – dedi. – Nima deb yotirsan, oyi? – deb so‘radi qiz. – Hech, – dedi onasi. – O‘zimcha bir narsa dedim. Sen eshitmay qo‘ya qol… Bu hazilni o‘rtanchi xotin anglagan va quvonib kulish bilan muqobala qilgan edi. – Mehmondorchilik qanaqa bo‘ldi? – deb so‘radi onasi. – Ha, dasturxondan keling, – dedi Poshshaxon. – Kambag‘alning dasturxoni nima bo‘laridi? Non, patir, mayiz, o‘rikqoqi… savzi qiyom… Oxirida zig‘ir yog‘i palov… bitta-yarimta go‘sht uchrasa bor, bo‘lmasa yo‘q… – Voy, o‘laqolsin! – dedi Poshshaxon. – Ha-ya! – dedi qizning onasi. – Dasturxonga kim qarabdi deysiz? – dedi Fazilat. – Hammaning aqli-hushi o‘yinda, ashulla da, qizlarda, haligi Zebixonda bo‘ldi. To yig‘in tugalguncha, hech kim jilmadi. Hech kimning jilgisi kelmadi. Yarim kechadan keyin qaytib keldik. Biz kelganda, hammangiz dong qotib uxlagan edingiz… – Dasturxoni muncha yomon ekan, sen chaqirmabsan-da mehmonlarni. Biz bu yerda qiyomat qilib kuzataridik… – Men sendan so‘roqsiz chaqirishga botinolmadim. Ikkovimiz maslahat qilishdik, ertagi kunga Sultonxon ayam chaqirib keldi. Ikkala kundoshning ko‘zlari birdaniga o‘g‘il ko‘rganini xabar olgan otaning ko‘zlariday ravshan bir olov bilan charaqladi. Ko‘z himosi bilan bir-birlariga sevinchli xabar uzatishib oldilar. Ikkalasi bir-birini ko‘z uchida qutladi. – Sultonxon ayang? – deb so‘radi onasi. – Ha, Sultonxon ayam. – Muncha eslik ekan Sultonxon ayang! – Shunga ham es kerakmi? – dedi qiz. Xadichaxon ko‘zlarini ayyorlik bilan o‘ynatib turib kundoshiga qaradi: – Gapni eshitayotirsizmi? – dedi. – Ertaga biznikiga shaharlik mehmonlar kelishar ekan! Sultonxon oyim chaqiribdilar. Sultonxon oyim… Poshshaxon azaldan ayyor bo‘lgan ko‘zlariga besh barobar ravnaq berib turib muqobala qildi: – Mingboshi dodxoning suygulik xotinlari bo‘lganidan keyin nima qilsa ta’bi-da! – dedi u. – Kim nima deya olardi? Haddi bormi, qalay?.. – Muncha eslik ekan bu Sultonxon ayang! – deb takror kildi Xadichaxon. – Muncha eslik ekan!.. Ikki kundosh o‘sha ayyor ko‘zlar bilan bir-birlariga qarashib, ma’nolik-ma’nolik kulishdilar. Qiz bechora bu kulishlarning nimaligini anglayolmasdan hayron bo‘lib dam onasiga, dam kichik buvisiga qarardi… Ma’lum bazm kechasining ertasi kuni Enaxon bilan mehmonlari qorong‘i tushganda mehmondorchilikdan qaytib keldilar. Mehmon qilib chaqirgan xonadon qishloqning narigi chekasida yashaganidan bular ancha charchagan edilar. Zebi hammadan orqada qolib, qo‘lidagi nasibani aravakashga berib kirgach, Enaxonning onasi o‘z qizini xoli topib, Zebi to‘g‘risidagi fikrini izhor qildi: – Bu Zebinisa o‘rtog‘ing topilmaydigan qiz ekan, bolam. Bir rahmdil, bir oqko‘ngil, bir ilinchakki, bu zamonning yosh-yalangi orasida kam topiladi. Shuncha joydan olib kelib, shuncha kundan beri poylab yotgan bechora aravakash bolani boshqa qizlarning bittasi ham esga olmadi, yo‘qlamadi, doim yo‘qlab, xabar olib turgan Zebixon bo‘ldi. O‘zining qo‘shnisi bo‘lib turib Saltanatxon ham sira yo‘qlamadi… Bu so‘nggi jumlani kampir past bir ovoz bilan yarim pichirab aytgan edi. Enaxon: – Rost, oyi! – dedi. – Zebixon o‘rtog‘im u to‘g‘rida topilmaydigan, lekin… Bu so‘zlarni aytib turib Enaxon o‘zini tutolmadi va kulib yubordi. Kampir hayron bo‘lib: – Nimaga kulasan? Yo bilmay gapirdimmi? – dedi. – Yo‘q, – dedi Enaxon yana kulib turib, – juda bilib gapirdingiz. Men boshqa narsani o‘ylab kulayotirman… Qorong‘ida paranji yopinib o‘tirmasdan, ro‘molini pana qilib asta-sekin kirib kelayotgan Umrinisabibini eng ilgari Enaxon ko‘rdi, yuzlarida hanuz o‘sha kulishning alangasi ila tovush bergani holda uni qarshi olgali yugurdi. Zotan, Umrinisabibiga Enaxondan boshqa hech kimning darkori ham yo‘q edi. Qizning qo‘ltig‘iga kirib: – Yuring bu yoqqa, aylanay, sizga ikki og‘iz gapim bor, – dedi. Enaxon uni ayvonga taklif qilib, bir piyola-yarim piyola choy ichishga va mehmondorchilikdan kelgan qatlamadan nasiba olishga chaqirsa ham, sira ko‘nmadi. Ikkalasi birga ho‘… nariga, qo‘shni devoliga yaqinlashganlaridan keyin, Umrinisabibi qizni to‘xtatib, dedi: – Aylanay qizim, bu gapni sizga qandoq qilib eshittirishga hayronman. Oraga tushmay o‘layin men… Bu muqaddimadan keyin Enaxonning ko‘ngli sovuq bir narsa sezganday bezovta bo‘la boshlagan edi. – Nima gap o‘zi? – deb so‘radi u tovushida ochiq bilinib turgan bir talvasa bilan. – Meni Sultonxon yubordi… Shuni aytgandan keyin Umrinisabibi so‘zdan to‘xtab, qizning yuziga qaradi. Qizning yuzi qorong‘ida uncha ochiq ko‘rinmasa ham, u haligi so‘zning qizga qanday ta’sir qilganini anglamoqchi va shunga qarab so‘z yuritmoqchi bo‘lardi. Qiz yana ham orta tushgan talvasa bilan boyagi savolni takror qildi: – Nima gap o‘zi? – Sultonxonning onasi birdaniga yotib qolibdi… Hali hozir otliq odam kelib, uni olib ketdi. Men erta bilandan beri o‘shalarnikida osh-suvlariga qarashib yurib edim, birdan munaqa hol bo‘lib qolgandan keyin meni chaqirib olib, «endi men ketayotirman, noilojman, tezlik bilan borib Enaxonga mening uzrimni aytib qo‘ying» dedi… Paranjimni ham yopinmasdan, yugurib sizning yoningizga chiqdim. – Endi ertaga mehmonlarni chaqirish yo‘qmi? – Sultonxon o‘zi bo‘lmagandan keyin kim chaqiradi? U hovlida undan boshqa odamshavanda kim bor? O‘zingiz bilasiz-ku, aylanay… Bu sovuq xabar Enaxonga yomon ta’sir qildi. U nima deyishini bilmasdan o‘ylanib qoldi. Bergan xabarining yomon ta’sirini ko‘rgan Umrinisabibi u ta’sirni kamaytirmoq uchun so‘z to‘qib ko‘rdi: – O‘rtoqlaringiz, omon-esonlik bo‘lsa, yana kelishar-ku. O‘shanda Sultonxon ertaning hissasini chiqarmay qo‘ymaydi… Yaxshi bola u… Yotig‘i bilan Saltanatxonga aytib qo‘ysangiz, eslik qiz, o‘zi tushunadi… – Gapni cho‘zish nima kerak, xola? – dedi Enaxon. – Bo‘lar ish bo‘libdi, mening sho‘r peshonam ekan, mayli! – Unaqa demang, aylanay! Hali yoshsizlar, dolay suhbatlarni, dolay bazmlarni, dolay to‘y-tomoshalarni ko‘rasizlar. Sultonxonning achinganini aytmaysizmi? – Endi achingandan nima foyda?! Bo‘lar ish bo‘libdi… Mayli endi. – Bo‘lmasa, yaxshi qoling, men boray. Supralar, xamirlar shundoq ochiq-chochiq qoldi. Borib yig‘ishtirib qo‘yay. Kundoshlari, o‘zingiz bilasiz, qayrilib qarashmaydi… – O‘tirib ketardingiz… Enaxonning bu so‘zlari labining uchidan chiqqan, muni Umrinisabibi ham payqagan edi. – Yaxshi qoling, bo‘lmasa! – dedi Umrinisabibi. So‘ngra ayvon tomonga borib o‘tirmasdan devol bo‘ylab tezgina ko‘zdan yo‘qoldi. Enaxonning kechadan beri tortgan rejalari va qurgan xayollari buzilgan edi. Endi sevgili o‘rtoqlarini ko‘ngildagidek xursand qilib jo‘nata olmasidi. Hech kimga hech narsa demasdan, kelinbibisini chaqirdi va bo‘lgan voqeani unga anglatdi. U ham Enaxonning xafaligiga qo‘shildi, lekin boshqa biror iloj ko‘rsatishdan ojizlik qildi. Ikkalasi juda uzoq gaplashdilar, har xil yo‘llarni axtarib, har turli maslahatni qilib ko‘rdilar: hech biri epaqaga kelmadi. Oxirda ertaga erta bilan haligi xabarni sekingina Saltanatga bildiradigan, agar mehmonlar o‘zlari ketmakchi bo‘lsalar, «yo‘q» demasdan ularga ijozat beradigan bo‘lib, shu maslahatda to‘xtaldilar. Faqat, ertalabgacha mehmonlarga hech narsa demadilar. Ular borgan joylaridan charchab kelishib, o‘tirgan o‘rinlarida shundoqqina uzanib qolgan edilar. Erta bilan nonushta chog‘ida Enaxonning onasi qiziga qarab: – Qizim, bugun mehmonlaringni Sultonxonlarnikiga olib chiqasan-a? – deb qolmasinmi! Bu savol qizni ham, kelinni ham shoshirib qo‘ydi, chunki kechagi xabar hali hech kimga eshittirilmagan edi. Uni nonushtadan keyin Saltanatxonning o‘zigagina izhor qilmoqchi emasmidilar? Endi bu sodda kampir u «dard»ni ko‘pchilik oldida ochib qo‘ydi. Qiz talvasasini berkitishga tirishgan holda kelinbibisiga qaradi. Kelinbibisi bu qarashning ma’nosini darhol angladi va kampirga javob qaytardi: – Sultonxonlarniki sal chuchmal bo‘lib turibdi… Endi, mehmonlarimiz qayerni xohlasalar, o‘sha yerga olib boramiz-da… Bo‘lmasa, shu yerning o‘zida yana yozilishib o‘tiramiz. Kampir o‘rinsiz savoldan yana to‘xtamadi: – Sultonxonlarniki nega chuchmal bo‘ladi? Enaxon bilan kelin endi haqiqatni ochmoqqa majbur edilar. Enaxonga qarab olgach, kelin davom etdi: – Sultonxonning onasi birdan notob bo‘lib qolibdi, qizini kecha oldirib ketgan ekan. O‘zi u yoqda, qanday bo‘lar ekan deb turibmiz… Saltanat endi og‘iz ochdi: – Biz aravani qo‘shtirib jo‘nasak ham bo‘lar edi. Shaharlik qizlardan ikkitasi bu fikrga qo‘shilishdi. Faqat Zebi Saltanatning yelkasiga turtib, qulog‘iga sekingina shivirladi: – Muncha shoshilasiz? Nimangiz qolibdi shaharda? Necha yilda bir kelib ham tuzukroq yozilmaylikmi? Shu vaqtda salom berib mingboshining qizi Fazilatxon kelib kirdi. Yoshlar uni o‘rinlaridan turib qarshi oldilar-da, dasturxonga taklif qildilar. Qiz ko‘nmadi, ayvonning yonginasiga kelib to‘xtadi-da, tik turgani holda dedi: – Men mehmonlarni aytgali chiqdim. Sultonxon ayam onalari kasal bo‘lib, ketib qoldilar. Oyim bilan Poshshaxon ayam mehmonlarni o‘zlari chaqiradigan bo‘lishdi. Bugun kechqurun albatta chiqasizlar! So‘ngra xayrlashib chiqa boshladi. Uni to ko‘cha eshigigacha uzata chiqqan Enaxonning besaranjom ko‘ngli yana o‘rniga tushgan, tashvishlik yuzlariga sevinch qizilliklari yugurgan edi. Kecha va kunduz — 5-bob Akbarali mingboshining belida kumush kamari, yonida kumush sopli qilichi, ustida zarbof choponi bo‘lmasa, hech kim uni amaldor demaydi. Oddiy kiyimda ko‘rganlar yo oddiy bir qishloq boyi, yo Yettisuv bilan aloqasi bor qo‘ychi, yo bo‘lmasa yaylov tomon bilan ish ko‘radigan tuyachi deb o‘ylaydilar. Chakka suyaklari turtib chiqqan, peshona – bo‘yiga tor, eniga keng va ham uzun-uzun uch chuqur ajinga ega… Burun o‘rtacha, lekin qanshari past… Ko‘z qisilibroq kelgan, parda tomirlaridan ikki-uchtasi va ham ikkala ko‘zining bir yonida jindak joyi hamma vaqt qizil, bir ko‘zida picha shapag‘liq asari ham bor… Iyak – keng, jag‘ – sergo‘sht. Juda siyrak bo‘lgan soqol iyakning o‘rtasigagina to‘planib, echkiniki singari pastga tomon sangillab tushgan. Uziqararoq xotin uchrab bir chang solsa, hech narsa qolmaydi! Mo‘ylov ham soqol singari siyrak. Usta To‘xtashning «asrdiyda» dukati ikki kunda bir qirib turganligidan lab ustida kalta va tekis bo‘lsa ham, umuman, o‘zi yarmidan ko‘pi yiqitilgan daraxtzor singari xunuk ko‘rinadi, ikki uchida oltitadan o‘n ikkita uzun qil sichqonning dumiday ingichka bo‘lib pastga cho‘zilgan… Dukat bilan ikkala tomonga ikki marta qo‘l tegizilsa, u sichqon dumlaridan asar qolmaydi, shu bilan mo‘ylov masxaraboz kepatasidan chiqib, odam nusxasiga kiradi. San’atiga berilgan usta To‘xtash taassub degan narsani yig‘ishtirib qo‘yib, «san’at – san’at uchun» degan nazardan qarab… Akbarali mingboshiga mo‘ylov to‘g‘risida haligi taklifni qilgan bo‘lsa-da, shunday katta bir amaldor ham xalqning ta’nasidan qo‘rqib, usta To‘xtashning taklifini rad qildi. Shu bilan u masxara mo‘ylovlar ayanch bir kepatada sangillagancha qolib ketdilar… Mingboshini bu baland darajalarga ko‘tarib, uning vositasi bilan o‘z dimog‘larini ham chog‘ qilib turadigan shahardagi to‘ralar uning ikki chakkasida sangillab turgan u ingichka «kokil»larni «ikki osilganlar» deb piching qilardilar… Bu soddadil «sart» amaldori muningdek pichinglarga tushunmasa ham, piching qiluvchi to‘ralarning o‘zlari mashhur rus adibining «Yetti osilganlari»dan ham so‘zda, ham ishda juda yaxshi xabardor edilar… Akbarali mingboshi o‘zi yolg‘iz qolib, «vijdoni» bilan qarshima-qarshi kelgan vaqtlarida, Miryoqubning ulug‘ xizmatlarini insof bilan esga olar, unga har to‘g‘rida minnatdor bo‘lganini o‘z «vijdoni» oldida iqror qilardi. Chinakam, burungi mingboshiga yaxshi bir uloqchi otni bekorga olib bergani uchun ellikboshilikka istehqoq qozonganidan keyin, rosa olti yillik umri o‘z qishlog‘i bilan mingboshining mahkamasi o‘rtasida daftar ko‘tarib ot chopish, qishloqdan odam haydab chiqib katta yo‘lga suv septirish bilan o‘tdi. Bu olti yilning mobaynida bir uloqchi otning emas, necha uloqchi otlarning hissasi chiqarilgan, burungi besh-to‘rt tanob yerga yana bir necha besh-to‘rt tanob yer qo‘shilgan bo‘lsa-da, ellikboshilik, harqalay, mehnat, urinish va yugurib-yo‘rtishni talab qiladigan amallardan edi… Shu uchun mingboshi bir yil kuz faslida Ostonaqul boyning katta bir qovun sayil qildirganini sira esidan chiqarolmaydi: Miryoqub bilan o‘sha sayilda uchrashib tanishgani uchun sayilni esdan chiqarishga «vijdoni» yo‘l qo‘ymaydi… Bu orada ko‘p narsalar mingboshining xotiridan faromush bo‘lganlar… U faqat qovun sayildan ikki kun keyin Miryoqubning uyiga ikki arava qovun-tarvuz bilan ikki zambar uzum, ikki chorakkina qayroqi bug‘doy yuborganini eslaydi. Agar xotirasi yanglishtirmasa, shundan keyin biror oy o‘tar-o‘tmas bir kun erta bilan kumush kamar bog‘lab uydan chiqqanini, undan bir kun burun kechasi darvoza oldida shop-shalopli bir mirshabning poyloqchi bo‘lib chiqqanini biladi. Mingboshi bo‘lganidan keyin oz fursatda Miryoqub turgan qishloqdan hozirgi hovlini sotib olib, u yerga ko‘chib bordi. Boshqa gaplar allaqachon esidan chiqib ketgan… Yurtning keksa odamlari o‘zaro so‘zlasharkan, bu mamlakatda hech bir xon va xonvachchaning muncha uzoq yurt so‘ramaganini so‘zlaydilar. Mallaxonlar, Xudoyorlar, Nasriddinbeklar yurt ustidan bahor bulutlari kabi kelib kechgan edilar. Akbarali mingboshi, mana, o‘n uch yildan beri shu masnadida o‘tiradi, davlati, obro‘si, nufuzi tobora oshsa oshadiki, kamimaydi. – Xudo bergan-da, xudo! – deyishadi keksalar. – Xudo ol qulim desa, hech gap emas. Shundayda ba’zi bir yosh-yalanglar: – Xudo hadeb shunaqa insofsizlarga berar ekan-da! Biz bechoralarga ham bir narsa uzatsa-chi! – deb qolishadi. Buni eshitgan keksalar tayoq ko‘tarib yosh-yalang ustiga yugurishadi, bechora yoshlar tayoqdan o‘zlarini olib qocharkan, bir-birlariga qarab piching otishadi: – Nimaga qochasan? Xudo senga ham berayotir, olmaysanmi?.. Yurtning keksalari butun bu davlat, hukumat va ulug‘likning bir og‘iz gapini silliq va yoqimli qilib gapirolmaydigan sodda va to‘ng odamga birdaniga «nasib va ro‘ziy» bo‘lib qolishida Miryoqub akaning katta hunari bor ekanini yaxshi bilishadi. Shu uchun Miryoqub aka ko‘cha-ko‘yda ko‘ringanda, unga beriladigan salom va qilinadigan ta’zimlar mingboshinikidan kam bo‘lmaydi. Faqat, shu qadarisi borki, mingboshi u yoq-bu yoqqa juda kam yuradi, yursa ham mirshablarini orqasiga ergashtirib, kechasi yuradi, kunduzlari bo‘lsa, faqat shahardagi ulug‘lar chaqirtirganda, zarbof choponlarini kiyib va tatti samanni yo‘rg‘alatib o‘tadi. Unga salom berish va ta’zim qilishdan bellarga og‘irlik kelmaydi, chunki oyda bir, o‘n kunda bir egilib qo‘yish hech gap emas. Ammo Miryoqub akaning yurishi ko‘p! U, aksari, piyoda yuradi, yurganda ham negadir shoshilib yuradi. «Assalomu alaykum» deb dona-dona qilib salom bersangiz, shoshilganidan bo‘lsa kerak, «vass…» debgina qo‘yadi. Shu bilan birga, siz tomonga bo‘ynini qiyshaytib juda kichiklik bilan alik oladi, doim kulimsirab turgan ko‘zlarini siz tomonga qiyagina bir tashlab olib, yo‘rg‘alaganicha o‘tib ketadi… Jinqarchaday, hamma vaqt va har qayda ko‘rinib qoladirgan bu «asl mingboshi»ga salom bermoqdan bellaringiz toladi… Do‘konidan har narsa topiladigan bir baqqolga «farang baqqol» deb nom qo‘ygan keksalar har ishda qo‘li bo‘lgan bu odamga «Miryoqub epaqa» laqabini berib xato qilmaganlar. O‘zlari ham bu laqabning to‘g‘riligini osongina isbot qiladilar: – U aralashmagan ish epaqaga kelmaydi… Mingboshining yer-suvi shu qadar ko‘pki, hisobini o‘zi ham bilmaydi. Lekin xudo bu sevgili quliga davlatni ikki qo‘llab uzatsa-da, farzand to‘g‘risida biroz o‘ksitib qo‘ygan. Darhaqiqat, katta xotinidan bo‘lgan qizi Fazilatdan boshqa uning farzandi yo‘q. Muncha katta davlat kimga qoladi? Yetti yot begonalarga, zurriyoti yo‘q ayollargami?.. Mingboshi mana shu alamga iloj axtarib bo‘lsa kerak, bir-ikki yil ichida ikkita yosh xotin oldi. Boladan darak yo‘q… Shu uchun, ba’zida, o‘zi yolg‘iz qolib mehmonxonaga berkinganida va hatto o‘z soyasining ham eshitmoq ehtimoli qolmaganda: – Bu qiz o‘lgur ham boshqadan bo‘lmasin… – deb qo‘yadi… Miryoqub uning yoshi anchaga borib qolganda bunday xotinparast bo‘lib ketishiga shu farzand xususidagi noumidlik sabab bo‘lmadimikan? deb ba’zi-ba’zida o‘ylab qo‘yadi. Bir kun noyib to‘ranikida (uyezd hokimining o‘rinbosarinikida) ichkilik qilib o‘tirishgan edilar, ichkilik quyilmasdan oldinroq noyibning onasi o‘z nevarasini olib kirib qoldi. U – tilla sochli, tarvuzday dumaloq, o‘zi lo‘ppigina va oppoq momiqday bir bola edi. Mingboshi bolani darhol qo‘liga oldi va o‘z aqidasicha «kofir»ning va «o‘rus»ning bolasi ekaniga qaramay, mahkam bag‘riga bosib o‘pdi… Bola mingboshining basharasidan qo‘rqqan bo‘lsa kerak, jon achchig‘ida yig‘lay boshlagan edi… Bolani olib chiqib ketdilar. Shundan so‘ng mingboshi bir-bir ustun quyib icha berdi, icha berdi, icha berdi… Miryoqubning imolari, ishoratlari, uy egalariga eshittirmay qilgan tanbehlari, hatto do‘qlari… hech bir ta’sir qilmadi. Mingboshi tamom mast bo‘lgach, «bolani olib kelinglar» deb so‘radi. Bolaning onasi bu badmast odamga o‘z to‘qlisini bermoq istamas edi. Nihoyat, mingboshi yalinib-yolvorib so‘ramoqqa majbur bo‘ldi. Hatto ko‘zlariga yosh oldi… So‘ngra noyibning amri bilan bolani uyg‘otib keltirdilar. Faqat, bu vaqtda mingboshi o‘zidan ketib divanga ag‘anagan edi… Farzanddan va esdan mahrum, lekin yer-suv, pul va boshqa boylikka ko‘milgan bu odamning butun borligi Miryoqubning qo‘lida edi. Yerdan chiqqan hosilning qanchasi o‘z qo‘liga kirib, qanchasi Miryoqub omboriga to‘kilganini mingboshi o‘zi hech qachon bilgan emas. Kerak bo‘lganda mingboshi Miryoqubdan pul so‘rab olar, un, guruch, go‘sht, yog‘ va ro‘zg‘orning boshqa keraklarini bo‘lsa ichkarining talabiga qarab yana Miryoqub tayyorlab berar, shu uchun jonining rohatidan boshqani bilmagan mingboshi undan narisini surishtirmas edi. Miryoqubning topishi yolg‘iz shu mingboshi orqali bo‘lsa, unga «epaqa» nomini qo‘yish to‘g‘ri bo‘larmidi? Miryoqubning qilmagan ishi yo‘qligidan shu nomni bergan edilar. Qishloqda ikkita baqqollik, bitta qassoblik do‘koni, guzarda ikkita samovar bor. Bilgan odamlar bu besh muassasadan to‘rti Miryoqubning kuchi bilan aylanganini so‘zlaydilar. Shaharda, katta yo‘lning bo‘yiga – qo‘rg‘on tashqarisiga – bir yangi paxta zavodi tushdi: zavodning kattakon bir paxta saroyi ham borki, paxta terim vaqtida uch tarozi bilan paxta oladi. Ana o‘sha zavodga ham Miryoqubni sherik deydilar. Voqean, uning ikki g‘ildirakli sariq faytonchasi va sariq yo‘rg‘asi, aksar, zavod oldida bog‘langan bo‘ladi. Shahardagi katta bankalardan birida «uchyot qo‘mitasi»ning a’zosi: haftada bir majlis o‘tkazadi… Shu bilan birga, uning biror joyga biror chaqa soliq to‘laganini, biror kasbga biror marta «qizil qog‘oz» (patent) olganini hech kim bilmaydi. Mingboshining boshiga ne qora kunlar kelmadi! Yaxshi advokatlar tomonidan bitilgan g‘alati arizalar qanday tergovchilarni keltirmadi! Qanday zo‘r to‘ralar chaqirib so‘ramadilar! Hokim necha martalar g‘azab bilan chaqirtirmadi! Unday vaqtlarda mingboshi, Miryoqubning ta’limi bilan, hamma savollarga «bilmayman» deb javob berar yoki biror ayb-isnod qilinsa, tonib tura berardi. Rasmiy so‘roqlar bu xilda borganda, orqadan Miryoqub g‘ayri rasmiy yo‘llar bilan so‘roq berar, bir-ikki kun shaharda qolib, qishloqqa qaytganida, mingboshining ustidan har qanday og‘ir tog‘ ham ag‘anagan bo‘lardi. Mingboshi qaysi bir to‘ranikiga borsa, Miryoqub albatta birgalashib boradi, «bu nimaga kerak?» deb so‘ragan odam yo‘q. Axir, Miryoqub amaldor bo‘lmasa, loaqal mingboshiga mirza yo tilmoch bo‘lmasa, o‘zi o‘rus tilini tuzuk-quruq bilmasa… nega munaqa mingboshining ketidan elchib yuradi? Nega? Miryoqubning ko‘p umri mingboshinikida o‘tadi, o‘zining hovlisi ham shu qishloqning o‘zida-ku, lekin chekkaroq joyda. Kechalari uning hovlisida bir-ikki mirshabning poyloqchilik qilib chiqqanini gapiradilar, faqat muni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan kishi yo‘q, bo‘lsa ham ochib gapirmaydi, yo… gapirolmaydi! Bir kuni Miryoqub noyib to‘raning uyida edi. Bu safar olib borgan hadyasi to‘raga nihoyat darajada yoqib ketgan bo‘lsa kerak, to‘ra uni uzoq olib o‘tirib, ko‘p narsalarni gapirib berdi. To‘raning tili charchab, Miryoqubning og‘zida birinchi esnash asarlari ko‘ringan ediki, tashqaridan bir odam kirib keldi. Ikki tomon yoqasiga tilladan bolg‘a surati o‘rnatilgan – novcha bo‘ylik, mosh-birinch soqollik, xushmo‘ylov va bir ko‘zi jindak g‘ilaydan kelgan bu kular yuzli odam ma’ruf injenerlardan edi. Noyib to‘ra bilan betakalluf ko‘rishdi, Miryoqub bilan ko‘rishib o‘tirmasdan to‘ppa-to‘g‘ri stolning to‘risiga o‘tdi va yumshoq kursini bir qo‘li bilan qattiqqina qimirlatib ko‘rgandan keyin, avval bilagidagi tilla soatga qaradi, so‘ngra «da-a» deb cho‘zib qo‘yib, kursiga o‘zini tashladi. Shundan keyin noyib to‘ra Miryoqub tomonga ishorat qilib va yangi mehmon tomon burilib: – Bizning Miryoqub bilan tanishmisiz, azizim? Noyob odamlardan! – degach, u odam o‘tirgan o‘rnida sekingina bosh silkib qo‘ydi. Miryoqub g‘ururining kaltaklanishidan kelgan bir zaharxanda bilan kuldi, injener esa burungi kular yuzini ham no‘qtalab oldi. Muni noyib to‘ra yaxshi payqadi, shekilli, Miryoqubga xuddi mehribon otaning sevimli bolasiga qarayturgan qarashi bilan iliq va muloyim kulib bir qaradi. Miryoqub ham erka o‘g‘ildek muqobala qildi. Shu bilan bu suhbatning Miryoqub aralashgan ko‘rinishlariga parda tortildi-da, ikkala bilimdon so‘zga tushdi. Injener bulbul singari sayray ketdi, sayray ketdi! Miryoqub advokat xalqining mahmadonaligini bilardi, bu odamning advokat emas, injener bo‘lganini ham ajrata olardi. Shu uchun boshda ularning tobora qizishayotgan suhbatlariga u ham qiziqib qaradi. Keyincha to‘ra ham, – mehmondan yuqdimi nima? – tillarini burro qilib so‘zlashga, mehmonning ko‘p da’volarini aksi da’volar bilan sindirmoqqa tushib ketgach, bizning Miryoqub sekingina qo‘l uzatib, stolning bir chetida turgan katta bir kitobni oldi. Kitob surat bilan liq to‘la edi, hech sharpa qilmasdan uni bitta-bitta varaqlay boshladi. To‘ra Miryoqubni unutdi, go‘yo u bu yerda yo‘q kabi… Injenerning og‘zidan ba’zi-ba’zida sartlarga og‘ir kelaturgan so‘zlar chiqib ketganidagina, to‘ra boyagi qarash bilan Miryoqubga qarab qo‘yar, lekin unday fursatlarda uning ikki ko‘zi kitobda bo‘lsa ham, ikki qulog‘i avrashga tushgan ilonday dingkayganini to‘ra bilmas edi. Uzoq cho‘zilgan bu suhbatda Miryoqubning qulog‘i bir marta juda g‘alati dingkaydi, hatto uning qop-qora chiroyli ko‘zlarida allaqanday sehrli olovlar yondi. Uning boshi ham kitobdan ko‘tarilib, yuzlaridan yengil bir qizillik yoyilib o‘tdi. O‘sha joyda sartlarni kamsitadigan gap o‘tmaganligidan bo‘lsa kerak, to‘ra ham uzr so‘ragan qarash bilan Miryoqubga qaramadi. Ikkala suhbatdosh o‘sha joyda Miryoqubning quloqlarini dingkaytirgan so‘zlarni unga va u mansub bo‘lgan xalqqa aloqasiz bir narsa deb qaradilar, shekilli, xuddi Miryoqub shu yerda bo‘lmaganday, o‘z oralaridagina o‘tkazib yubordilar… Injener turib chiqib ketgandan keyingina, Miryoqub o‘rnidan turdi va ketishga ijozat so‘radi. To‘ra u bilan xayrlasharkan, injenerning boyagi kamsitishlari uchun yana-tag‘in uzr so‘ragan bo‘ldi. Miryoqub faqat kulibgina qo‘ydi, boshqa hech narsa demadi. To‘ra bu kulishni Miryoqubning xursand va rozi ekaniga yo‘ydi va ko‘ngli o‘rniga tushdi. Faqat, Miryoqubning ko‘ngli bir necha kungacha o‘rniga tushgani yo‘q. Bir injenerning (u, axir, noyib to‘ra singari katta amaldor emas!), nihoyati bir injenerning bir-ikki marta sartlarni kamsitishi Miryoqubni shuncha bezovta qildimi? Yo‘q, unaqa kamsitishlar har qadamda bor! Hammasiga bezovta bo‘la bersa, Miryoqub bechora to‘rt kunda sil bo‘lib qolmaydimi? Yo‘q, yo‘q! Kamsitishlar o‘sha onning o‘zidayoq unutilgan, o‘tgan yilgi qordek erib yo‘q bo‘lgan, bahordagi yog‘mur kabi asari ham qolmagan… Injener o‘sha suhbatda yangi – hali sir bo‘lgan! – bir xabarni aytib edi: shu shahardan boshlab falon-falon joylarga poyezd yo‘li tushar ekan. Bir shirkat planlarini Peterburgdagi katta mahkamalarga topshirgan, ular tasdiq qilishga va’da berganlar. Allaqaysi bir banka pul bermoqchi bo‘lgan, tekshirish uchun yaqin orada injenerlar chiqar ekan. Imorat-bino ishlariga o‘sha injenerni chaqirganlar. Miryoqub poyezdning qayerlardan o‘tishini bilib olgan edi. O‘sha suhbatda uning qulog‘i bir dingkaydi, juda ajoyib dingkaydi, lekin! Ana o‘shanda poyezdning o‘tish joylarini miyasiga joylashtirgan edi. Oradan bir hafta o‘tar-o‘tmas bezovtalik harakatga va ishga aylandi. Bir oyga yetar-yetmas, o‘sha kelajak poyezd yo‘li bo‘ylaridan Miryoqub juda ko‘p – bir necha yuz desatin – yer sotib oldi. Yerlarning hammasi deyarlik suvsiz, noobod, tashlandiq yerlar edi. Shuncha ko‘p yerga qancha oz pul ketdi. Ko‘plar bu shoshilish savdoni bilmadilar, bilganlar Miryoqubni «jinni bo‘libdi» dedilar… Shirkat poyezd yo‘li solishga ijozat olib, tayyorliklarga kirishgandan keyingina Miryoqub qilgan ishini noyib to‘raga aytdi. – Sen xuddi bir amerikalikka o‘xshaysan, Miryoqub! – dedi to‘ra. – Lekin, ko‘nglingga og‘ir olma, chakki shu sartiya ichida tug‘ilib qolgansan! Miryoqub ko‘ngliga og‘ir olish tugul, bu gapga sevindi balki, yuzlariga yana o‘sha yengil qizillik yugurdi. Yangi yo‘lning allaqaysi bir joyida ko‘z ilg‘amas bir cho‘l bor edi. Cho‘l… qup-quruq cho‘l… Suv – pastda… chuqurda. Atrofdagi dehqonlardan ba’zilari shu yerni ekin yeriga aylantirish uchun turli davrlarda yakka-yakka urinib ko‘rgan, lekin hamma qilgan mehnatlari bekor ketib, u yerdan hafsalalari pir bo‘lgandi. Hali ham u cho‘lda unumsiz qolgan odam mehnatining asarlari, to‘g‘risi, xarobalari ko‘rinadi: ariqlar… ekin pollari… marzalar… bir necha tup qurigan tut daraxtchalari… Miryoqub oz pul, ko‘p ustalik sarf qilib, o‘sha cho‘lni o‘z nomiga o‘tkazdi. Faqat, bu vaqtlarda poyezd yo‘lining rejalari tortila boshlaganligidan, odamlar Miryoqubni «jinni» demadilar, balki «bu – bir narsani bilib qiladi» dedilar. Poyezd yo‘li solinib bitmasdan turib, u cho‘lga necha tegirmonlik katta suv chiqdi. Avvalo, o‘z cho‘ntagining, qolaversa, otaxoni mingboshining yordami bilan cho‘lning o‘rtasidan katta bir ariqni o‘tkazib qo‘ydi. Shundan keyin yersiz dehqonlarga chek bo‘lib bera boshladi. Ko‘p o‘tmay u yerda bir qishloq paydo bo‘ldi va suv chiqargan odamning shahardagi otaxoni nomiga atalib «Parpi cheki» bo‘ldi (noyib to‘raning nomi Fyodor, sartlar «Parpi to‘ra» deydilar). Keyincha cho‘lning bir chetiga poyezd stansiyasi tushdi, yoni-beriga choyxonalar, do‘konlar, saroylar solina boshladi. Poyezd yo‘li ochilgandan keyin o‘sha joydan paxta zavodi uchun yer tanladilar. Bulg‘oriyalilardan iborat uch kishilik bir shirkat yana o‘sha joydan ancha yer sotib olib, kattakon bir mevali bog‘ va zo‘r bir sabzavot polizi vujudga keltirdilar. Har qalay, poyezd o‘tgandan keyin bir necha yil orasida Miryoqubning qo‘lida juda oz yer qoldi, hammasi har kimga o‘tib ketdi. Miryoqub yerni uncha sevmaydi, yer qo‘ldan chiqsa, xafa bo‘lmaydi. Shuncha yer qo‘ldan chiqqan bo‘lsa, uning baravariga qancha davlat qo‘lga kirgandir, muni xudo biladi-yu xudoning sevimli bandasi qorako‘z Miryoqub biladi!.. Mingboshi o‘zining rus mirzasi Sokolov, inoq mirshabi Mirzabobolar bilan birga saman yo‘rg‘a ustida o‘z darvozasiga kelib to‘xtaganda, qorong‘i tushgan, ko‘chada o‘ynovchi bolalarning onalari eshik tagiga chiqib, «bemahalda bas endi!» deya tergay boshlagan edilar. Mingboshining oti to‘xtar-to‘xtamas, tashqaridagi mirshablar yugurishib borib darvozani ochdilar, katta darvozaning bir qanotidan chiqqan ingichka qiytillash ovozi muazzinlarning xunuk va qo‘pol tovushlariga qorishdi… Bu ovozlar orasida bolalariga qovushgan sigirlarning og‘ir mo‘lashlari bilan onalarini sog‘ingan buzoqlarning erka ma’lashlari mungli va yoqimli eshitilardi. Mingboshi otdan tushar-tushmas so‘radi: – Miryoqub keldimi? Mingboshining musulmon mirzasi Hakimjon qo‘l qovushtirib turib javob berdi: – Ha, shu yerda. Mehmonxonada uxlab yotibdi. Mingboshi o‘zidan xursand, kuldi: – Noinsofning kech kirganda uxlashini qarang! Bor, uyg‘otib chiq! Ikki mirshab mingboshini yechintirmoqqa boshladi. Mingboshi hali ham boyagi kulishida davom etardi: – Obbo betavfiq-ey. Namozshomda uxlaganini! Mehmonxonadan ko‘zlarini uqalay-uqalay Miryoqub chiqib keldi. U hali ayvondan tushmay turib: – Hormang, xo‘jayin! – deb qichqirdi. Mingboshi yana o‘sha kulish bilan o‘tirgan joyida unga tomon evrildi: – Ha, xudo bexabar! Nima bu bemahal uyqu? Namozshom paytida-ya? – Ha, xo‘jayin, shunaqa… Sizni kutib o‘tirib uxlab qolibman. – Qachon kelib eding? – Kech peshinda. Shundan beri yo‘lingizga ko‘z tutib o‘tiribman. – Qani o‘tirganing? Uyquni uribsan-ku! Qani, nima gaplar bor? Yangi gaplardan gapir. – Yangi gapni sizdan eshitamiz. Shaharda edingiz. Kimlarni ko‘rdingiz? – Kimni ko‘rardim? Noyib to‘rani ko‘rdim. – Nima gap ekan? – Nima gap bo‘lardi. Beriroq kel! Mingboshining bu amri bilan unga tomon borayotgan Miryoqub mirshablarga ishorat qildi, ular uzoqlashdilar. Shundan so‘ng mingboshi ovozini pasaytiribroq so‘zlay boshladi: – Qumariqning paynovidagi dehqonlar mening ustimdan ariza berganga o‘xshaydi. Aptidan, «Hamma suvni mingboshining yerlari ichadi-yu bizga tegmay qoladi. Shunaqa qilib necha yildan beri ekinlarimiz qurib ketayotibdi» deb arz qilishganga o‘xshaydi. Noyib to‘raning so‘zidan shu ma’lum bo‘ladi. Shu yerga kelganda mingboshining qovog‘i solina boshlagan edi, qisiq ko‘zlarining tez-tez yumilib qaltiranganday bo‘lganini Miryoqub ham payqadi. – Xo‘jayin, – dedi u, – xotirjam bo‘lib, bitta-bitta gapirib bering. Hech bokisi yo‘q. Mingboshi uning bu so‘zlariga qunt qilmasdan zabtlik bir ovoz bilan so‘radi: – Kimning ishi bu? Qani, ayt-chi! Miryoqub mingboshining hech bir so‘zini birdaniga qaytargan odam emasdi. Shu uchun bu safar ham eski odaticha aylanma yo‘l bilan javob berishga boshladi: – Kimning ishi bo‘lsa ham bilmay qo‘ymaymiz. Ilgari noyib to‘raning mamilasini, sizga nimalar deganini gapirib bering. – Qaysi xotin taloqning ishi dedim men senga. Mingboshi ovozini bir oz ko‘tara tushgan edi. – Noyib to‘raning gapidan bilinadi o‘zi, – dedi Miryoqub. – Siz bo‘lgan gaplarni aytib bering! Mingboshi yana hovuridan tushmagan edi. Shunday bo‘lsa ham, o‘sha jahl ovozi bilan Miryoqubning savollariga javob berdi: – Noyib to‘ra aytadi: men seni yaxshi bilaman, deydi. Sen fuqaroni yaxshi ko‘radigan odamsan, deydi. Basharti, arizada bitilgan gaplar rost bo‘lganda ham, seni ayblashga ko‘nglim bormaydi, deydi… Yerlaringga qaraydigan mutasaddilar shunday qilsa qilishgandir. O‘shalarni chaqirib tayinlab qo‘y, sening yeringga ikki-uch marta suv berganda, bir-ikki marta ularnikiga ham berib qo‘ysin. Odamlarning ekinini quritib yuborish yaxshi emas, deydi. Bildingmi endi ariza berganning kimligini? Qani, ayt-chi? – Bu gaplardan hali bilib bo‘lmaydi. Boshqa gaplarini ayting! – Boshqa gapi yo‘q. Bo‘lsa ham, esimda turadi deysanmi? – O‘ylang. Men uning hamma gapini bilishim kerak… – Bilsang bilaqo‘y: o‘sha taraflarda Yodgorxo‘ja, Umaraliboy degan obro‘ylik odamlar bor, deydi, ularning ham ko‘pgina yer-suvlari bor, yaxshi emas, deydi. Qora fuqaro bo‘lsa – ish boshqaydi, men deydi, fuqaroning gapiga quloq solmayman… Oma-lekin yurtning eslik, obro‘ylik odamlarini xafa qilmanglar, deydi… – Ana, xolos, ko‘rinib turibdi: ariza berganlarning boshida Yodgor echki bilan Umarali puchuq turar ekan! Noyib to‘ra op-ochiq aytib beribdi. – Esingga qoyilman, betavfiq! Shuncha esing bor-u, namoz o‘qimaysan! – Sizga ergashib shunday bo‘ldim-da! Mingboshi endi juda yoyilib kuldi: – Obbo, benamoz-ey! Gapdan toza bergan senga xudo! Shaylaysan, shaylaysan! Yana ovozini pasaytira tushdi: – Yodgor echki bilan Umarali puchuqning bir adabini bermasam, ko‘nglim tinchimaydi. Bir ilojini qil! Senga aytaman! – Xo‘p, xo‘jayin! Shoshmang, men yana bir so‘rashtiray. – So‘rashtirishning nima keragi bor? O‘shalardan boshqa kim qilardi? – Ehtiyot shart, xo‘jayin! Adab berish qochmaydi… Masalaning tagiga yetaylik, balki boshqa gaplar ham chiqib qolar… Mingboshi bu so‘zdan shubhaga tushdi: – Nima deding! Boshqa gap ham chiqib qoladi, dedingmi? Bu nima deganing? – Ehtiyot shart, deyman men! Ehtiyot! Yaxshiroq so‘rashtirsak, yaxshiroq bilamiz-da, axir! Sizning ishingiz bo‘lmasin, men o‘zim ikki kunda tagiga yetib, sizga arz qilaman. – Ha, mayli, so‘rashtir! Sudrama lekin! Ha!.. Mingboshi shu joyda o‘zining Miryoqubga e’timodini ko‘rsatmak uchun uning yelkasiga urib-urib qo‘ydi. – Bo‘ldi, xo‘jayin, xotirjam, – dedi Miryoqub. Ikkalasi ham jim bo‘ldilar. Bir ozdan so‘ng mingboshi mirshablarga qarab baqirdi: – Kim bor, hoy! Hakimjon yugurib keldi. – Bor, ovqatdan xabar ol! Qorin ochdi! Hakimjon yugurib ichkari tomonga ketgach, mingboshi Miryoqubga yuzlandi: – Qani, gapir endi, sen nima xabar topib qo‘yding? Miryoqub darhol javob berdi: – To‘y. Mingboshi bu birgina, lekin kutilmagan so‘zga bir oz hayron bo‘ldi. – To‘y? – Ha, to‘y! – Nima to‘y? Kim to‘y qilibdi? – Men to‘y qilmoqchiman… – Sen? Kimga? – Sizga! – A, benamoz-e! Menga? – Ha, sizga. Mingboshi birdan gapning sur’atini tortdi: – Qo‘y endi, bitta-bitta gapirib ber: nima gap o‘zi? Miryoqub yaqin o‘tirib so‘zlay boshladi: – Shaharda bir xudo bandasining ikkala dunyoga arziydigan bir qizi bor ekan! Mingboshi erkin-erkin kuldi: – «Tavba» de, betavfiq! «Astag‘furullo» de! Miryoqub astag‘furullo o‘rniga uyat bir so‘z aytdi. Mingboshi beshbattar yoyilib kuldi. – O, battol-ey! O, battol-ey! Xudo urdi seni! Xudo urdi endi!.. – dedi u. Miryoqub asta-asta davom etdi: – O‘zi o‘n besh-o‘n oltida ekan… Juda yetilgan vaqti… – Unaqa yetilganlar qishloqda ham ko‘p. – Uning boshqa bir xosiyati bor ekan… – Xo‘sh? – Juda yaxshi, bulbul singari ashulla qilar ekan. Ovozi Dovud payg‘ambarniki singari deydilar… Mingboshi yana kuldi. – «Sallalo» de, betavfiq! «Sallalo» de! – Qazosini aytaman bir yo‘la! – dedi Miryoqub, so‘ngra davom etdi: – Shuni sizga olib beray deyman. – Odamlar ayta beradi. O‘zing eshitdingmi ovozini? – Yo‘q! Mening xotinim, qizim eshitib, har kun maqtashadi. Hammaning og‘zida shu… – Odamlarga ishonma, dedim-ku. Bu odamlar tegirmonchi Shamsiddinni ham yaxshi qo‘shiqchi deb yer-ko‘kka sig‘dirmay maqtaydilar. Ovozini eshitgandirsan? Eshak hangrasa undan avlo… – Xo‘jayin! O‘zingiz bir eshitsangiz edi… – Bo‘lmaydigan gapni gapirma! – Nimaga bo‘lmasin? Qiz o‘zi hozir shu yerda, qishlog‘imizda. Katta xotiningizga ayting, mehmon qilib chaqirsin. Eshitasiz… – Qishloqda? Kimnikida? – Xolmatnikida. – Shu Xolmatnikida? Shu o‘zimizning Xolmatnikida-ya? U bechora ochidan o‘lolmay yuribdi, mehmon chaqirib nima qilar ekan? Pitini berib boqadimi! – Shu uchun siz chaqirtirsangiz, Xolmat ham xursand bo‘ladi, mehmonlari ham. – Unday bo‘lsa, men katta xotinimga aytayin, chaqirtirsin. Eshitaylik… Miryoqubning qulog‘iga egildi: – Kattaning rashki kelmas-a? – dedi. – Eng kichigidan boshqa hech qaysisining rashki kelmaydi. Har qalay, katta xotiningiz esliroq. – Yo‘g‘asa, – dedi mingboshi o‘rnidan turib, – men bir ichkariga kirib chiqay. Ovqatdan ham shu choqqacha darak bo‘lmadi. Sen o‘tiratur, ketib qolma! Ichkariga tomon asta bosib yura boshladi. Hali ham boyagi odaticha xursand bo‘lib kular va birushta: – Obbo betavfiq-ey!.. – deb so‘zlanardi. Mingboshi ichkariga kirib katta xotinini chaqirganda, mehmonlar Poshshaxonning uyida sertakalluf bir dasturxon ustida edilar. Dasturxon solib xizmat qilishmoq uchun chiqqan Umrinisabibini bir narsadan gumonlanib Poshshaxon quvib chiqargan: u Zebining boshiga kelajak falokatni unga yoki uning yaqin o‘rtoqlariga qanday qilib aytishini bilmasdan o‘z uyida parvona singari aylanardi. Poshshaxon bilan Xadichaxonning boshlari osmonda: Sultonxonning katta, daranglagan uylari bo‘m-bo‘sh, o‘zi bu hangomalardan xabarsiz; dutorchi qizlar halitdan, dasturxon yig‘ilmay turib dutor sozlamoqda edilar… Mingboshining chaqirig‘iga birdan ikkala xotin «labbay!» deb yugurdi. Faqat mingboshi katta xotiniga imo qilib: – Bittang kel! – dedi. Poshshaxon orqaga qaytdi, lekin bu suhbatdan ko‘ngil uzolmasdan yaqin bir joyga berkinib turdi… Mingboshi, odatda, xotinlarga kalta gapirar, ular bilan ezilib o‘tirishni o‘z erkaklik sha’niga sig‘dirolmas edi… – Xolmatnikiga kelgan shaharlik mehmonlarni chaqirtirib yaxshi bir ziyofat qilinglar, – dedi u. – Shahardan kelib Xolmatning quruq nonini yeb ketsa yaxshi emas! So‘ngra Xadichaxonning javob berishini kutib o‘tirmasdanoq: – Ovqating nima bo‘ldi? – deb so‘radi. – Jadallat! Qorin och! Xadichaxon muloyim kulimsiradi: – Mehmonlar biznikida, shu uchun ovqatimiz bugun kechroq bo‘ladi. Men sizlarga non-choy chiqaraman. Mingboshi mehmonlarning o‘z uyida ekanini eshitib hayron bo‘ldi: – Mehmonlar shu yerda? Qachon kelishdi? – Namozshomga yaqin. – Yaxshi, yaxshi. Bir ozdan so‘ng yana takror qildi: – Yaxshi… Yaxshi… So‘ngra birdan: – Ashulla chisi bormi, yo‘qmi? – deb so‘radi. – Bor, – dedi Xadichaxon. – Ashulla qilganda meni chaqirtir! Durustmi? – shu so‘zni aytgach, xotinining javob berishini kutmasdanoq burilib tashqariga tomon yurdi. Butun umrlarida deyarlik bunday sertakalluf ziyofatni ko‘rmagan yosh qizlar takallufga yarasha betakalluflik bilan, o‘lgudek quturib o‘yin-kulgi qildilar. Horib-charchab, zo‘rg‘a-zo‘rg‘a oyoq tashlab qo‘shxonalariga qaytgan vaqtlarida, yarim kechadan ancha o‘tib qolgan edi. Uyda qolgan ikki kampirga sahar turib aravani qo‘shtirishga buyurdilar-da, o‘zlari ko‘zlarini yumar-yummas og‘ir uyquga ketdilar. Bular yoshlikning beparvo quchog‘ida ma’sum go‘daklarday hech narsadan xabarsiz to‘lib-toshib uxlarkan, so‘ri tomonda ikki kampirning tashvishli bir un bilan allanega besaranjom bo‘lib pichirlashgani eshitilardi. Ularning biri o‘zimiz bilgan Umrinisabibi bo‘lib, sevimli Zebining yosh umriga qasdlangan yomonlar to‘g‘risida gapirardi. Tong yorishmasdan yo‘lga tushib, qishloqdan chiqar-chiqmas ashulla ni baland qo‘ygan Zebi necha yillik g‘am-g‘ashlardan to‘rt-besh kun ichida ortig‘i bilan yozilib ketarkan, o‘z orqasida o‘ynalayotgan o‘yinlardan xabarsiz edi. Kechasi Umrinisabibidan Zebi to‘g‘risidagi tashvishli xabarni eshitganidan keyin Enaxonning onasi mehmonlar javdishgan vaqtda Saltanatni bir chekkaga chaqirib, haligi xususda ogohlantirgan bo‘lsa-da, Saltanat bu qadar yoyilib va quvnab borayotgan o‘rtog‘ini xafa qilmaslik uchun unga hech narsa demaslikni ep ko‘rdi. Saltanat u to‘g‘rida bu yosh qizga gap ochib, uning yorug‘ ta’bini xira qilmasdan, o‘z onasi orqali Zebining onasiga eshitdirib qo‘ymoqchi bo‘lardi. Mingboshinikida juda sertakalluf ziyofat yegan bu yosh qiz ziyofat bergan juvonlardan juda minnatdor bo‘lmoq bilan birga shunday qari va nihoyat darajada xunuk odamga – yana kundosh ustiga! – tushib qolganlari uchun ularga chin ko‘ngildan achinardi. Saltanat bilan birga Zebining o‘zi va boshqa hamma qizlar mingboshining davlati va obro‘si to‘g‘risida qancha maqtov eshitgan bo‘lsalar, uning badbasharalikda ham tengsiz bo‘lgani to‘g‘risida o‘shancha vahimali so‘zlarni tinglagan edilar. Qizlardan hech biri mingboshi xotinlarining davlatiga qiziqmagan, ularning tolelariga ko‘z olaytirmagan, u davlatlar to‘g‘risida o‘zaro gap ochilganda, ochiq jirkanish bilan «davlati boshidan qolsin!» deya qichqirgan edi. Saltanat qizlarning ashulla lariga qo‘shilmasdan, o‘z oldiga og‘ir-og‘ir o‘ylab borarkan, o‘zini xayolida – bir nafas uchun! – mingboshi xotinlaridan birining o‘rniga qo‘yib qaradi… Ustida go‘yo xonatlas ko‘ylak, Xitoy tovardan kaltacha, toza beqasam kamzul, qimmatbaho shohi ro‘mol, amirkon kavish-mahsi… Keng hovlida, daranglagan ayvonlar va so‘lum uylarda, odamni chiroyli qilib ko‘rsatadigan qalin toshoynaklarning qarshisida… Tilla bilavziklar, yoqut ko‘zli uzuklar, xina bilan cho‘g‘day lovullab turgan barmoqlar, surmali ko‘zlar… Xontaxta ustida anvoyi noz-ne’mat, turli-tuman meva-cheva… Turgan sari yumsharib, pisha boradigan va pishgan vaqtida og‘izga solsa eriydigan noklar… Quvaning yirik donali va nordon anorlari… Haligi nokning eng to‘lganini olish uchun dasturxonga qo‘l uzatar ekan, qo‘lini boshqa bir qo‘l kelib ushlaydi… Uning ham qizlik havaslari uyg‘onadi, yuraklari muloyim va yoqimli bir talvasa bilan duk-duk ura boshlaydi: ikki yuzi dasturxon ustidagi anor singari qip-qizil bo‘ladi. Endi u o‘zining «mingboshi xotini» bo‘lganini unutgan, yoshlikka xos keng xayol quchog‘ida boshqa olamlarga o‘tgan edi. Uning qarshisida o‘tkir va serhavas ko‘zlarini o‘ynatib yosh bir yigit turgan kabi bo‘lardi… Bu qo‘l, albatta, o‘sha yigitning och va qaynoq qo‘llaridan o‘zga emasdi… Nihoyat, yosh qiz yosh yigitga tomon astagina qayriladi va qayrilgan hamon o‘zidan ketib qichqiradi: – Mingboshi!!! Muning holidan bexabar ashulla qilishib borayotgan qizlar bu qichqiriqni eshitgach cho‘chib tushdilar. – Voy, nima bo‘ldi sizga, Saltanatxon? – dedi Zebi. Qizlar Saltanatni o‘rtaga oldilar. U esa ikki qo‘li ko‘ksida, rangi o‘chgan, o‘zini Zebining quchog‘iga tashladi. So‘ngra asta-asta ko‘zini ochgach, hammaga bir-birqarab oldi, uning bu qarashlarida og‘ir bir horg‘inlik boridi… Keyin ko‘zlari Zebiga tikildi, endi u ko‘zlarda aybini yashirgan bir gunohkorning qarashlari telmirardi. – Nima bo‘ldi sizga, Saltanatxon! – dedi yana Zebi. Saltanatxon javob o‘rniga qo‘llarini keng ochib, Zebiga tashlandi va: – Zebixon! Jonim Zebixon!! – deya uni mahkam quchog‘iga oldi… Qizlar hayron, hammasining ko‘zi ularda. Saltanatning «mingboshi…» deya qichqirishi bilan barobar aravani to‘xtatgan O‘lmasjon ot ustida orqasiga qayrilib – qanday hodisa bo‘lganini anglayolmasdan – tang‘irqash nazarlari bilan qizlarga tikilgan edi. Ikki qizning bir-biri bilan quchoqlashib «aylanay, o‘rgilay» qilishlari hali-beri tugalmaydigan bo‘lgandan keyin, yelkasini qoqib yana oldinga evrildi va astagina «cho‘» deb otini qamchiladi. So‘ngra, u kichkina bir anhorning kechigidan kecharkan, otini sug‘orishga to‘xtagan vaqtida, Zebi bilan birga Saltanat ham sharaq-sharaq gapga tushgan edi. Shaharga kirgandan keyin qizlar o‘z uylariga yaqin joylarda bitta-bitta tusha boshladilar, shu bilan safar oxirida O‘lmasjonning Zebidan boshqa yo‘lchisi qolmadi. Ko‘ngillaridagi ajib hislarni bir-biriga bildirmoq uchun hali fursat topolmasdan entikkan bu ikki yosh endi, o‘n-o‘n besh minut xoli fursat topganlarida, ortiqcha talvasaga tushgan yuraklari dastidan nima deyishlarini bilolmay entikardilar… Unisi ham, munisi ham bir og‘iz gap aytolmadi. Ikki yosh ko‘ngilning shu topda kichkinagina bir tilagi bo‘lsa, u ham – bir-ikki mahalla o‘tgach yetiladigan hovlining yana bir necha mahalla nariga cho‘zilishi, yo bo‘lmasa, keksalar aytgandek, «yer tanobi»ning pichagina cho‘zilmay turishi edi. Holbuki, shaharga, o‘ziga oshna joylarga, o‘z otxonasi bor yerlarga kelganini payqagan va qorni ochqay tushgan ot oshiq-ma’shuqning ko‘ngil tilaklaridan bexabar qadamini ildamlatar, «yerning tanobi» o‘zidan o‘zi tortilib borardi… Arava Zebilar machiti oldiga yetganda, Razzoq so‘fi bir necha kishi bilan birga boshqa bir aravada qarshi tomonga o‘tib ketdi – Otam biror joyga ketayotganga o‘xshaydi, – dedi Zebi quvonganini yashirolmay. – Yiroqroq safarga o‘xshaydi. Oq yo‘l bersin! – dedi O‘lmasjon va yumshoqqina kuldi. Shu topda Zebining ko‘nglidan og‘ir bir tog‘ ko‘chgan edi! Kecha va kunduz — 6-bob Saltanatning onasi Zebi to‘g‘risidagi tashvishni uning onasiga astagina eshitdirib ketgandan keyin, bir kun o‘tib, Razzoq so‘fi qishloqdan keldi. U eshikdan kirar-kirmas to‘y to‘qqizini xotiniga uzatib: – Qizing qani? – deya so‘radi. Bu shoshilish savol sho‘rlik onaning bag‘riga tikondek botdi. Rangi darrov olindi… – Nimaga indamaysan, hay fitna? Nima bo‘ldi senga? – dedi so‘fi. Xotinining bu ahvoliga u ham qunt qilgan edi. Qurvonbibi tutilib, zo‘rg‘a-zo‘rg‘a gap epladi: – Shu yerda… shu yerda… qizingiz… – dedi u. Uch bo‘lib aytilgan shu ikki og‘iz so‘zda ham besaranjom bir jadallik boridi. Erining biror narsa deyishini kutmasdan, bechora xotin boyagi besaranjomlik bilan qatorasiga uch savolni chizib tashladi: – Nimaydi? Nimaga so‘raysiz? Chaqirib beraymi? Bir-bir ketin va shoshilish berilgan bu uch savol bir onaning qalbida yolg‘iz bolasiga qarshi qanday zo‘r muhabbat saqlanganini Razzoq so‘fiday bir odamga ham keragicha ko‘rsata olgan edi. U yasama bo‘lsa hamki kulimsiraganday bo‘ldi. – Qizim bo‘ladi-yu so‘ramaymanmi? Qiziq ekansan… Uyga joy qil, jindak orom olay. To‘yga borgan odam uyqudan qoladi… Qurvonbibi endi o‘ziga kela boshladi. – Kim to‘y qilibdi? – Badavlat bir odam. Katta osh tortibdi lekin! Hast eshonimizni chaqirgan ekan, hammamiz birga bordik… Qiyomat suhbatlar[efn_notes]Eshonlarning zikr majlisi (muallif izohi).[/efn_notes] bo‘ldi! Lekin onaning ko‘ngli hali ham tinchimagan edi: – Zebini nimaga so‘rovdingiz? – dedi yana. Endi bu safar so‘fining achchig‘i keldi va birdaniga: – O‘z qizimni so‘rayolmaymanmi! – deb baqirdi. – Ha, bo‘pti… bo‘pti… Baqirmay qo‘ya qoling! – dedi kampir va shoshilganicha uyga kirib ketdi. Hovlida – hovuz bo‘yida kashtasini tikib o‘tirgan Zebi otasining kelganini payqamagan edi. Faqat, bu so‘nggi baqirish uning qulog‘iga alayno borib yetdi, hatto «o‘z qizimni…» degani juda aniq eshitildi. Shundan so‘ng ko‘ngli bezovta bo‘lib, darhol o‘rnidan turdi. U bu yoqqa chiqqan vaqtida chol-kampir uyda edilar. Shu uchun u astagina so‘richaga borib o‘tirdi va ikki ko‘zi uyning eshigida, bilinmagan bir ko‘ngil qoraligi bilan onasining chiqishini kuta boshladi… Uyga kirib eshiklarni berkitdirgandan keyin Razzoq so‘fi so‘z ochdi: – Zebi qachon keldi? – Siz ketgan kuni… – Ikki kunga deb ketgan narsa necha kun yurdi, bilasanmi? – Eshonoyim qo‘ymabdilar… – Eshonoyim!.. Mendami ixtiyor, eshon oyimdami? – O‘zingiz, axir, «mayli, eshonoyimning ra’ylariga qarasin» demabmidingiz? – E, ra’ylari qursin, ra’ylari! Yosh bolani bir hafta-o‘n kun saqlaydimi? Kampir nima deyishni bilolmay qoldi. Kechagina butun ixtiyorni eshonoyimga berib qo‘yib, bugun eshonoyimning tabarruk ra’ylarini ham so‘kib o‘tirgan bu johil so‘figa nima deb bo‘ladi? Har nima bo‘lganda ham, bolasini qo‘rish o‘z zimmasiga tushgan kampir gap topib javob qilmoqqa majbur edi. – Shuncha vaqtdan beri uyda o‘tira berib yuragi siqilgandan keyin, yosh narsa, uch-to‘rt kun yayramaydimi? O‘zingiz ko‘chadan kirmaysiz-ku! – Menday bo‘lganda yuraversin! – deb baqirdi so‘fi. Kampir ham bo‘sh kelmadi, ovozini ko‘tara turib: – Sizday bo‘lganda ham xotin kishi biror joyga chiqa oladimi? – dedi. – Bu ro‘zg‘or o‘lgurga kim qaraydi? Tanur qizitib non yopadimi erkak degan narsa? Yoyosh narsani sil qilib ajalidan besh kun burun o‘ldirmoqchimisiz? Asta-asta avj olayotgan bu tajang ovozlar allaqachon Zebining qulog‘iga yetib, uning talvasasini beshbattar ortdirmoqda edi. U chidayolmadi: so‘richadan turib kelib uy darpardalaridan birining takkinasiga o‘tirdi. Endi uyda o‘tayotgan gaplarning har birini uning quloqlari bitta-bitta ovlab borardi. – Ko‘p valaqlamasang-chi, fitna! Quloq-miyamni yeding-ku! Jahlimni chiqarma, ha!!! Erining o‘lgudek badjahl ekanini Qurvonbibi yaxshi bilardi. Bu so‘nggi tanbehni eshitgandan keyin hatto Zebi ham tashqarida o‘tirib bir tomondan onasining tashvishini torta boshlagan edi. Kampir birdaniga ovozini pastlatdi va mumkin qadar o‘zini bosib turib so‘radi: – Xo‘p, mana, shovqin solmayin. Siz ham yotig‘i bilan gapirib bering: nimaga tashqaridan kirar-kirmas Zebini so‘radingiz? Bir gap borga o‘xshaydi… Birdan bu qadar pasaygan ovoz Zebining ko‘nglini onasi xususida bir qadar tinchlatgan bo‘lsa-da, ikki o‘rtada o‘tayotgan va o‘ziga taalluqli gaplarni ochiq eshitdirmaganligidan uni yana umidsizlikka tushirib, ikki ko‘zini eshik tomonga telmirtmoqqa majbur qilgan edi. – Beriroq kel! – dedi Razzoq so‘fi. Oddiy ovoz bilan aytilgan va Zebiga aniq eshitilgan bu ikki og‘iz so‘zdan so‘ng uydagilarning ikkovi ham pichirlashga ko‘chdilar. Endi Zebi hech narsani eshitolmay qoldi. Qancha zo‘r berib qulog‘ini darpardaga qo‘ysa ham, darpardaning sekin g‘ichillashi bilan birga chol-kampirning pichirashgani eshitilar, lekin nima deganlarini sira uqib bo‘lmas edi. Qurvonbibi erining qarshisiga borib o‘tirgach, so‘fi davom etdi: – Juvonmarg Zebing qishloqqa borib ashullani toza qo‘yganga o‘xshaydi. Qishloq odamlaridan ko‘p gaplarni eshitdim… Oma-lekin tutib olib o‘ldirsam ozlik qiladi juvonmargingni! Shu yerga kelganda ona bechora bir narsa demoqchi bo‘lib edi, Razzoq so‘fi baqirib berdi: – Gapdi eshit!.. So‘fining «tutib olib o‘ldirmoqchi bo‘lganini» chala-puchuq eshitgan va bu keyingi baqirishdan esa tamom xabardor bo‘lgan Zebi otasining aytadigan qo‘rqinch gapini bir on avval eshitmoq uchun entikardi. Faqat, so‘fi yana pichirlashga tushdi: – Mingboshining yoni-verida yuradigan bir-ikki kishi meni xoli topishib, qiz o‘lguring to‘g‘risida ehtiyot bilan gap ochib ko‘rishdi… – Kimga? – deb so‘radi kampir hovliqib. – Kimga bo‘lardi, mingboshiga! – Qaysi mingboshiga? – Akbarali mingboshiga! Sen tanimaysan uni… Kampir o‘zini tutolmadi. Yuragining hovliqqani ovozining ko‘tarilishiga sabab bo‘ldi: – Mingboshi bo‘lsa, xotini bordir? Xudo urib, kundosh ustigami?! Bu besaranjom savollar qizning qulog‘iga juda aniq eshitilgan edilar. U ikkala qo‘lining qanday qilib ko‘kragiga borib qolganini o‘zi ham payqayolmadi… Endi uning yuragi notob bo‘lgan kabi juda sust urmoqda, rangi oqargan, butun vujudi latta kabi bo‘shashgan edi… Devolga suyanganicha behol o‘tirib qoldi. Miyasida uch-to‘rt kun burun o‘tgan voqealar jonlandi. Mingboshining daranglagan uylari… Sertakalluf ziyofatlar… Bir-biri bilan bu qadar inoq bo‘lib ko‘ringan kundoshlar… Sultonxonning birdaniga oradan yo‘q bo‘lib qolishi… So‘ngra mingboshi to‘g‘risida har kimlardan eshitgan gaplari quloqlarida jaranglay boshladi: u – o‘lgudek xotinboz… u – uch xotin olib, birgina qiz ko‘rgan… Shuning alamiga chidayolmasdan o‘zini har baloga uradi… Davlati, boyligi – hech narsasi tatimaydi… O‘zi o‘lgudek xunuk, badbashara… Odam ko‘rsa qo‘rqadi… Shunday bo‘lsa ham, qanday chiroyli va momiqday qayliqlari bor… Bechoralarning sho‘ri… So‘ngra birdan uning esiga aravadagi voqea kelib tushdi: Saltanatxonning birdaniga «mingboshi» deya baqirishi… shu barobar rangi o‘chib, o‘zidan ketib yiqilishi… Ko‘zini ochgandan keyin hammaga bir-bir qarab olib, bunga kelganda uzoq tikilib, keyin birdaniga o‘zini buning quchog‘iga tashlagani… So‘ngra ilgari kunigina Saltanatxonning onasi kelib, buning onasi bilan allanimalarni visir-visir gaplashgani… Shundan beri o‘z onasining bunga har daf’a ayaganday bo‘lib qarashlari… Oh, shu topda Saltanatxon bo‘lsaydi! Shu sirlarni ochib berib, buning ko‘nglini tinchlatarmidikin? Balki, bu sirlarni u ham bilmas?.. Bilsa aravada aytmasmidi? Yo‘l qo‘yi gaplashib kelib hech narsa demadi-ku. Yo yashirarmikin? Yashirsa, uning do‘stligi qayerda qoldi? Bunaqa odam do‘st bo‘larmidi, qalay! Bu o‘ylar Zebini jon o‘rtog‘idan farsahlarcha yiroqlarga olib ketdilar. Endi u na Saltanatxonning kular yuzlariga ishonadi, na Enaxonning… Shu topda u – ojiz bir maxluq, qo‘li bog‘liq bir qul, hech bir ishonadigan kishisi yo‘q, yolg‘iz va g‘arib… Faqat, birgina kishining uyda o‘zi uchun kuyib gapirganini o‘yladi, shu narsa uning ko‘ngliga taskin berdi. Ona, yolg‘iz ona… Johil va bag‘ritosh bir otaning chegarasiz qaysarligi va teskariligi oldida ojiz bir xotin… nimjon bir ko‘ngil… Ichkarida suhbat davom etmoqda edi. So‘zning ketishiga qarab ovozlar dam ko‘tarilar, dam bosilardi. – Siz nima dedingiz, siz? – deb so‘radi kampir. Uning bu savolidan ochiq bir bezovtalik sezilardi: «Bu so‘fi o‘lgur unab qo‘ymadimikan?!» Razzoq so‘fi indamasdan miyig‘ida kulimsirab turardi. Bu kulimsirashda bir mug‘ambirlik asari, «men bo‘laman-u indamay qolamanmi?» degan ifodalar boridi… Kulimsirash bilan yana ham xunukroq kepataga kirgan basharasini kampir tomon ko‘tarib turib: – O‘sha betavfiq, benamozga qiz beramanmi, qalay? – dedi. Bu so‘zlardan so‘ng kampirning ko‘ngli biroz o‘rniga tushdi. – Xayriyat… shunday dedingizmi? So‘fi bu daf’a nodon xotinini masxara qilib kuldi. – Ahmoq! – dedi u. – Ularing allaqaylardan daromad qilib kelib zo‘rg‘a ipning uchini chiqaradi-yu, men «yo‘q!» deb «tomdan tarasha tushganday» javob beramanmi? – Ha, nima dedingiz? – Ishqilib, mingboshi bilan quda bo‘ladigan joyim yo‘qligini yaxshi bilishdi… Yana nima kerak? Suhbat tamom bo‘lib, kampir tashqariga chiqqanida, Zebi holsiz va darmonsiz darparda yoniga cho‘zilgan, uning hali juda yosh va jonli ko‘zlarida ko‘p yillik mehnat va qiynalishlarning og‘ir bir horg‘inligi ko‘rinardi. Razzoq so‘fining behuda taqvodorlikka suyangan so‘zlari va Qurvonbibining qayta-qayta ishontirishlari ila Zebining ko‘ngli bir qadar tinchlandi. Hovuz bo‘yida, yosh tollarning ko‘m-ko‘k bargchalari ostida, hali ham allaqanday belgisiz bir tashvish va hadiksirash bilan jizlab yotgan ko‘ksini yumshoq shabadaga berib kashtasini tikarkan, uning g‘amli ovozi g‘amli kuylarni shabadaga qo‘shib olislarga uzatardi. Arava bilan u yoq-bu yoqqa qatnaydigan O‘lmasjon o‘sha kundan beri yo‘lni bu tarafga solganligidan, bu g‘amli ovoz uning qulog‘iga ham ba’zi-ba’zida kirib qolardi. Yosh yigit otining qorinbog‘isini mahkamroq bog‘lash bahonasi ila aravani devol yoniga to‘xtatar, qo‘li ot tegrasida aylangani holda butun vujudi devol oshib o‘tayotgan qadrdon va yoqimli unni ovlashga tirishardi. Bir kun qamchisi belida bo‘lgani holda, devol osha ko‘ringan toldan xipchin sindirmoqchi bo‘lib arava ustiga chiqdi, unda ham bo‘yi yetmagach, tinch turmagan kegaylarga oyoq qo‘yib g‘ildirakka tirmashdi… Bir qo‘li bilan devolga osilib, yana bir qo‘lini tolga uzatgan vaqtida ko‘z uchi Zebiga tushdi: bu vaqtda sayrashdan to‘xtagan u tutqun qushcha butun mehrini kashtaning ilang-bilang kunguralariga qo‘ygan edi. O‘tgan-ketganlar gumonsiramasin deb, yigitcha ko‘z uchi hamon hovuz bo‘yida bo‘lgani holda, bir qo‘li bilan kichkina bir tol novdasini sindirishga urinardi. Nihoyat, kichkina novda qirs eta singach, Zebi ham boshini ko‘tarib qaradi, devolda erkak kishining qo‘lini ko‘rganidan keyin: – Voy, o‘laqolay! Erkak kishi! – deb qichqirdi… Va ov yegan qushday, kashtasini tashlab ichkari tomonga qochdi. Bu xil natijani sira kutmagan yosh yigit, gavroni qo‘lida, hayron bo‘lib qoldi. Faqat, o‘sha topda ko‘chadan o‘tayotgan bir taqvodorning: – Hoy bola, tush bu yoqqa! – degan sovuq ovozi uni sarosimalikdan uyg‘otib yubordi… G‘ildirak ustidan o‘zini aravaga tashlagan vaqtida, taqvodor yo‘lovchi hali ham so‘ylanmoqda edi: – Qanday behayo bolasan! Kap-katta to‘ng‘izday bo‘lib qolibsan-u, sharm-u hayo qilmasdan nomahram bor hovliga qaraysan-a! So‘fi ko‘rgunday bo‘lsa, «go‘sht ketti!» qiladi. Ha!!! Yosh yigit ikki beti qip-qizargan holda eshitilar-eshitilmas bir ovoz bilan zo‘rg‘a-zo‘rg‘a: – Otimga gavron sindiray degan edim-da… – deya oldi. So‘ngra noumid qarash bilan yana bir marta devol tomonga ko‘z yugurtgach, arava ustidan otga hatlab yo‘liga ketdi. So‘nggi xabar bilan yuragi siqilganini bahona qilib, bir kun Zebi ham Saltanatxonlarnikiga yo‘l oldi. Zebi oldida o‘zini aybdor sanagan va shu uchun ko‘ngildan xijolat tortgan Saltanat o‘rtog‘ini ortiq darajada zo‘r hurmat bilan qarshi oldi. Uning o‘z o‘rtog‘iga qilgan muomilalarida hatto «pistoqi ta’zim» qabilidan bir turli yasamalik asarlari ham ko‘rilardi. Qishloqdagi voqealarning tagidan bexabar bo‘lgan Zebi Saltanatning bu qadar mehribonlashganini – o‘z ko‘nglida – boshqa narsaga yo‘yar va… chin ko‘ngildan xursand bo‘lardi. Nima uchun xursand bo‘lardi bu yosh qiz? U bilardikim, O‘lmasjon Saltanatlar oilasining yon qo‘shnisigina emas, balki ona tomonidan bir qadar qarindoshi va bu xonadonning eng qadrdon bolasi. So‘ngra Zebilar oilasi singari bu oilada ham erkak bola yo‘q, shu uchun qo‘shni va qarindosh bo‘lgan bu bola hamma vaqt shu hovlida, u hovlidan ko‘ra ko‘proq bu hovlining dastyori va yugurdagi. U bola endi kap-katta yigit bo‘lib qolgan… Hozir uylantirish to‘g‘risida ayni og‘iz soladigan vaqtlari… Saltanat o‘zining bu sevimli qarindoshiga bu sevimli o‘rtog‘ini olib bermoq istamaydimi? Saltanatda bu istak bo‘lgandan keyin, uni onasi bilan katta onasi bilmay qoladimi? Onasi bilan katta onasi Zebini yomon ko‘radilarmi? Yomon ko‘rsalar, o‘z qizlarini unga muncha jonajon o‘rtoq qildirib qo‘yarmidilar? Zebi Saltanatdan ko‘rgan ixloslarini, oyo, uning onasidan va katta onasidan ko‘rmaganmi? Ayniqsa, shu safar? Bu safar Saltanat uning tegrasida gir-gir aylangan bo‘lsa, u ikki keksa xotin o‘z yoshlariga yarasha pirpirashgan emasmi? Zebiday bir qizning kelin bo‘lib kelishini kim istamaydi? Qaysi hovli Zebini o‘z quchog‘iga olishdan tortinadi? Uchta xotin ustiga mingboshi ham tolib bo‘libdi-ku!.. Bechora qizning butun bu shirin xayollari shu birgina «mingboshi» so‘zi kelib chiqishi bilan birvarakasiga parishon bo‘lib sochiladi, to‘kilgan tariq kabi har tomonga tizg‘irab ketadi. Haligi shirin xayollar bilan kulib, to‘lib, cho‘g‘day qizarib turgan yuzlari garmsel tekkan ekin kabi bir nafasda so‘lib, o‘lib, uchug‘day bo‘zarib qoladi… Har qalay, sevimli o‘rtog‘idan va uning onalaridan ko‘rgan ixlos va xurmatlari uchun – haligi mulohaza orqasida – Zebi xursand, uning xursandligini ko‘rib, o‘z gunohlarining kechirilganini yo bo‘lmasa ancha yengillashganini o‘ylagan Salti va uning onalari xursand… Ikkala tomon ham bir-birining ko‘nglidan bexabar, shu xilda xursandlikka ko‘mildi. Zebining bu xursandligi, albatta, kuzatgan maqsadiga erishmoq bilangina poyidor bo‘lardi. U maqsad ham dovon oshuv qadar zo‘r bo‘lmasdan, nihoyati devolga osilib gavron sindirgan yigitni bir ko‘rishdan iborat edi… Faqat, chorbozorchi bilan aravakashni uyida uchratmoq oson narsami? O‘lmasjonning aravakashlikka kirishganiga faqat to‘rt oy bo‘ldi, lekin shu to‘rt oy ichida to‘rt marta butun kecha-kunduzni uyida o‘tkaza oldimi? Sahar chiqib ketadi, yarim kechada kirib keladi, agar olisga ketmasa! Olisga ketsa, ikki-uch kun o‘tkazib keladi. Bolasining darbadarligiga achingan ona o‘sha kuni – Zebi Saltanatlarnikiga borgan kuni: – Hunar bo‘lmay o‘lsin! – deya so‘zlandi. – Bolam bechoraning yuzini kun yorug‘ida ko‘rolmayman! Ishlab-ishlab topgani nima? Topib keltirgani nima? Ro‘zg‘orga yuq bo‘lmaydi… Qaymog‘ini karvonboshi yalaydi, alvatta. Bu sho‘rliklar yurgani-yurgan, qatnagani-qatnagan, karvonboshi og‘zining yeli bilan topadi… Shuyam insofmi? Bunga otaning g‘ashi keldi: – Muncha javraysan, hay! – dedi. – Shukur qilsang-chi! Qimorboz bo‘lib, bor-yo‘g‘ingni «gartkam»ga bersa, nima qilarding? Ahmadalining katta o‘g‘liday butun ro‘zg‘orini ichkilikka sovursa, nima qilarding? Hali ishga kirganiga to‘rt oy endi bo‘ldi. Haligacha oz topgan bo‘lsa, mundan nari ko‘p topar. Hali yosh, ishlasin ozroq… Mehnatsiz rohat bormi, qalay! – Ishga kirganiga to‘rt oy bo‘ldi-yu, to‘rt yillik charchadi bolam! – dedi ona.– To‘rt yillik qaridi bolam! Bola tug‘ish, katta qilish osonmi? Ko‘cha-ko‘yda yurib gapira berasizlar-da! «To‘rt oy endi bo‘ldi-ya!..» Og‘zingizning bir chekasidan chiqadi!.. Yo‘q, aravakashligi qursin! Boshqa ishga beramiz… bo‘lmadi bu. Boshini yesin karvonning!.. – Boshqa ish oson deysanmi? – deb e’tiroz qildi ota. – Dunyoda oson ish bormi? Puling bo‘lsa, davlating bo‘lsa, og‘zing bilan gapirib topsang… qani endi… Bu davlatni xudovandikarim hammaga bermas ekan! Berganga berar ekan! Ona bo‘sh kelmadi: – Bermadi deb yotaverasizmi? – dedi yana. – «Olma pish, og‘zimga tush!» bilan bo‘ladimi? Axtargan topadi! Istasangiz, bolangizga durustroq kasb ham topiladi. Sal mundoq dam olib yayraydigan bo‘lsin-da! – Kechagina qizlar bilan qishloqqa borib, bir hafta o‘ynab keldi-ku! Otaning shu «qizlar bilan» degan so‘zlari O‘lmasjon tenglik yigitlar og‘zidan chiqadigan darajada harorat va iliqlik bilan, turtib aytilgan edi. Ona darhol payqadi: – Yoshingiz ellikka borib qolsa ham, «qizlar»ga qiziqmay o‘ling! «Qizlar bilan» deb bir moylab aytasizki! Shu aptingizga yana qiz olgingiz bor! Bo‘yiga yetgan o‘g‘lingizni o‘ylang avval! Ota u tomonda qah-qah otib kuldi. – Sen, – dedi u, – qishloqqa borib bir hafta yayrab kelganidan gapir! Ona javobni darrov taxladi: – Besh kun yayrab kelganiga men qancha narsa sotib berdim, bildingizmi? – dedi. – Uch ko‘ylaklik chit, ikki belbog‘, Saltanatxonning bir parang ro‘molini sotdirdim! – Kimga berding pulini? O‘lmasing hali shuncha pulni yeb keldimi? – Qayerda O‘lmas yeydi!.. O‘lmas bir chaqa ham yegani yo‘q. Ot-aravaning ijarasiga deb karvonboshiga berdim. «Endi bir oygacha bir chaqa ham bermayman senga!» degan ekan, bola sho‘rlik yig‘lagunday bo‘lib keldi. Unga javr bo‘lmasin deb, Saltanatxon ikkovimiz bisotimizdan narsa sotib to‘g‘riladik. Hech narsadan xabaringiz yo‘q, gapira berasiz-da! Kulishdan to‘xtab endi jiddiylashgan ota yana e’tiroz qilib bir narsa demoqchi edi, darichadan Saltanat bilan Zebining chiqib kelishi uni boshini quyi solib ko‘chaga chiqib ketishga majbur qildi. Zebi Saltanatlarnikida turib bu aytishuvning ba’zi joylarini eshitgan, o‘z boshiga balo keltirayozgan qishloq safarining bu yo‘qsul xonadonlar uchun juda qimmatga tushganini endi bilgan edi. Shuning uchun darrov o‘rtog‘idan koyidi: – Qishloqqa hammamiz birga borib edik. Og‘irini o‘zingiz bilan O‘lmasjonning oyisiga tortdiribsiz-da! Men ham qo‘shilishardim-ku… Saltanat ham o‘rtog‘inn darrov o‘z quchog‘iga oldi. – Bitta ro‘mol ketdi, xolos, – dedi. – Uni ham mingboshinikidan o‘rab kelmadimmi? O‘ziniki o‘ziga bo‘ldi, jonim! – O‘lmasjonning onasi-chi? – dedi Zebi. – Bechoraning uyi kuyibdi-ku. Yo‘q, o‘rtoq, ertaga men sizga bir narsa yuboraman! Albatta yuboraman! Saltanat bu to‘g‘rida Zebidan hatto quruq so‘zning o‘zini ham eshitmoq istamas edi. Shu uchun darrov so‘zni boshqa tomonga burdi: – Yuring, bo‘lmasa! O‘lmasjonning oyisini yupatib chiqaylik… Bu so‘z bilan birga o‘rtog‘ining qo‘lidan tortib darcha tomonga boshladi. Zebining ko‘ngli yana o‘ksib qoldi. O‘lmasjon kechadan beri yo‘q edi. Kech paytda kelarmikin deb qorong‘i tushguncha qolsa ham, boladan darak bo‘lmadi. Saltanat bilan onalari uni yotib qolmoqqa qistasalar-da, otasining qahridan qo‘rqib sira unamadi. Qorong‘i tushib qolganligidan, «yosh narsa yolg‘iz ketmasin» deb, bir kampirni qo‘shib berdilar. Bular darvozadan chiqib muyulishga yetganda, u yoqdan O‘lmasjon ko‘rindi: charchagan otini horg‘in-horg‘in qamchilab, asta-asta sudralmoqda edi. Ikkalasi bir-birini ko‘rishdi, tanishdi… Zebi ixtiyorsiz to‘xtab qoldi, O‘lmasjon ham o‘zi payqamasdan otining boshini tortdi… Faqat, na unisi bir narsa deya oldi, na bunisi ovozini chiqarishga botindi. Ular o‘rniga «nomahramlar qasdidan qo‘rish» vazifasini ustiga olgan kampir un soldi: – Hay, nimaga to‘xtadingiz? – dedi Zebiga qarab. – O‘lmasjon, nimaga to‘xtading, bolam? – dedi unga tomon burilib. O‘lmasjon javob eplay oldi: – Sizni ko‘rib to‘xtadim, xola! – dedi u. – Yo‘l bo‘lsin kech kirganda? – Mana bu mehmonni kuzatib borayotirman, – dedi kampir. So‘ngra, bir-ikki qadam bosgach, orqasiga qayrilib: – Tez boring, oyingiz tashvish tortib qoldi! – dedi… Va Zebining ketidan yo‘lga tushdi. Zebi ham kampirdan qo‘rqib orqasiga qarayolmasdan, lekin ko‘ngli o‘ynagan va ikki tizzasi yengilgina qaltiragani holda tez-tez yurib ketdi. Bu yoqda otiga serzarda qamchi bergan O‘lmasjonning horg‘in vujudi bu qaltis uchrashuvning guldirama olovida yonarkan, o‘zidan begona bo‘lib ketayotgan Zebining ko‘zlarida yirik-yirik marvarid donalari yiltirardi… Kecha va kunduz — 7-bob Ikkala yosh ko‘ngil qorong‘i muhitning og‘ir kishanlarida bog‘langan holda noumid muhabbat bilan bir-birlarining hasratida entikar ekan… Akbarali mingboshi kuchli panjalari orasiga olib yangi bir gazetni g‘ijimlamoqda va qimorbozlarga xos og‘zi maymoqlik ila gazet yozganlarni so‘kmoqda edi. Jadidlar tomonidan haftada ikki marta zo‘rg‘a chiqariladigan bir gazetda mana shu besh-olti og‘iz so‘z boridi: «… bo‘lusining hokimi mutloqi o‘lan Akbarali mingboshi butun bo‘lusning yagona usuli jadida maktabini bog‘latib, muallimini haq bermasdan haydatdirdi… Uch oygina davom eta olmish bu maktab millat bolalarina oz-da bo‘lsa oq-qorani tanitdirmoqqa muvaffaq bo‘lmish edi. Mingboshining o‘zi esa har sana bir evlanmoqdan, xotin yangilamoqdan bo‘shalmaydur… Uch xotini ustiga yana to‘rtinchisini, hatto besh-olti-yettinchisini… ham oluvga qarshi emas. Muallim M. M…» Qarshisida choy quyib o‘tirgan Hakimjon shu gazetni topib ko‘rsatganiga allaqachon dunyo-dunyo pushaymon bo‘lgan edi. U bir necha yil shu odamga mirzalik qilib, uning jahli kelgan va tutoqqan vaqtlarini ko‘p ko‘rgan bo‘lsa-da, bugun shu kichkina maktubchaning bu darajada yomon ta’sir qilganiga hayron bo‘lardi. Mingboshi mirzaning qo‘lidan dastlabki bir piyola choyni olib, hatto bir ho‘plamasdan yoniga qo‘ydi va shu bo‘yicha uni tamom esidan chiqarib yubordi. Hakimjon sovuq choyni uning oldidan olmoqqa botinolmas edi… Choynakdagi choy ham allaqachonlar sovub bo‘ldi. Hakimjonning ikki ko‘zi mingboshida, uning qizarib-bo‘zargan yuzlarida, jahl bilan, tajanglik bilan qisilgan panjalarida, g‘ijimlanib bir musht holiga kelgan gazetda… Xo‘jayinning mudhish avzoyini ko‘rib sal narida daraxtga suyanib turgan Mirzabobo ham hayron. Darvozabonlik qiluvchi mirshabga: «Arzga kelganlarning hech birini qo‘ymaysan. Xo‘jayinning fe’li aynib turibdi…» – deb Mirzabobo tomonidan ta’limot berilgan, endi darvoza orqali Miryoqubdan boshqa hech kimning oyoq bosib o‘ta olishi mumkin emas. Haykalday qotib tura berishdan Mirzaboboning, doim bir vaziyatda qimirlamay o‘tira berishdan Hakimjonning bellari qayishib ketdi… Mingboshi dam gazetni ochib, u yoq-bu yog‘ini aylantirib qarar, dam bo‘lsa panjalari orasiga olib uni g‘ijimlar, tez-tez darvoza tomonga qarab: – Miryoqubdan darak yo‘qmi? – deya so‘rab qo‘yardi. Mingboshi bu savolni qaytargan hamon Mirzabobo yugurib ko‘chaga chiqar, bir ozdan so‘ng qaytib kirgach, «yo‘q» degali botinolmasdan go‘layib jim qolardi. Nihoyat, mingboshi qo‘lidagi gazetni bir tomonga irg‘itib o‘rindan turdi. – Miryoqub qani deyman senga, Miryoqub?!.. – deya baqirdi. Bu yovvoyi darrandaning o‘kirishi edi! Mirzaboboday odam tutila-tutila: – Darrov… otni egarlab… uyiga borib kelaymi? Yo shaharga chopaymi? – dedi. – Endi esingga keldimi, itvachcha!.. – deb baqirdi mingboshi. So‘ngra asabiy odimlar bilan ichkariga tomon yurdi. Ichkaridan ham uning baqirgan ovozi eshitilardi. Faqat, uchala xotin uning nima uchun kayfi ketganidan bexabar edilar. O‘zaro bir-birlariga nazar tashlashgach, ko‘z ishorati ila katta xotinga vakolat berdilar. Xadichaxon bir-ikki qadam oldinga bosib kelib: – Nima bo‘ldi sizga? – deya so‘radi. Shu topda o‘zi yengilgina qaltiramoqda edi. Mingboshi nihoyat darajada odobsiz bir so‘z bilan baqirib javob qildi. Ikkala yosh xotin sekin-sekin orqalariga tisarilib, o‘z uylariga kirib ketdilar. Xadichaxon turgan joyida qotib qoldi… – Yelkamda o‘n putdan o‘ttiz put yukim bor… – dedi mingboshi. Bu ham baqirishga yaqin bir ovoz bilan aytilgan edi. Uchala xotin ham bu yukning nimaligini anglab yetolmadilar. Xadichaxonning fikricha, mingboshiga «irim» qilgan edilar. Endi uni «qaytartirmoq»dan o‘zga iloj yo‘q edi. Bu fikr boshqa kundoshlarning miyalaridan ham o‘tmadi emas… Faqat, Xadichaxonning bu fikri qat’iy bo‘lsa kerakkim, yashirishga luzum ko‘rmadi: – G‘animlar qasd qilganga o‘xshaydi. Qaytarma qildirib bersammi? – dedi. – Ayollarning bilgani irim, bilgani qaytarma, bilgani azayimxon… Qovog‘i uchsa ham azayimxonga chopadi… – dedi mingboshi. Va shu so‘zlarni aytarkan, uning bulutli yuzlarida jindakkina ochilish alomatlari ko‘rindi. Shu ochilishdan dadillanib bo‘lsa kerak, Xadichaxon yana e’tiroz qildi: – O‘zingiz, o‘z og‘zingiz bilan «yuk bosdi» demadingizmi? Mingboshi kulib yubordi: – «Yuk bosdi» degan bo‘lsam, «qanday yuk?» deb so‘ragin-da, bachchag‘ar! – dedi u. Bu vaqtda uydagilar ham asta-sekin tashqariga chiqib, yaqin o‘rtaga kelgan edilar. Mingboshi davom qildi: – Uchalang kam yukmisan menga? – Nima og‘irimiz tushdi sizga? – dedi Xadichaxon. – Gazetni o‘qi, bilasan… Senlarning tufaylingdan yomon nomim yetti iqlimga ketdi… Hammang bir qora mo‘yimga arzirmiding, qalay?.. Agar olmoqchi bo‘lsa, hammangni ikki qo‘llab tutardim o‘sha gazetchi dayusga!.. Menga bitta xotin bas edi… zurriyotlik bo‘lsa… shuncha davlatni kimga ishonib qoldiraman? Uchta bezurriyotgami?.. – Nimaga hammani barobar ayblaysiz? Fazilatni og‘izga olmaysizmi? – Fazilating menga asqotarmidi? Bir-ikki yildan keyin birovlarning qo‘liga suv quyadigan bo‘ladi. Qiz farzand bo‘larmidi? Qaysi biring ota-onangga asqotding!.. Bu «ma’qul» gaplarga e’tiroz qiladigan joyi bo‘lmasa ham, Xadichaxon yana bir nima demoqchi edi, tashqaridan darvozaning xarxasha bilan ochilgani eshitilib, so‘ngra «ha» deguncha ichkari eshik ketidan Mirzaboboning yo‘g‘on ovozi chiqib qoldi. – Xo‘jayin, Miryoqub akam keldilar! Mingboshi darvoza ochilgan hamon tashqariga yugurgan edi. U chiqib ketgach, uchala kundosh bir yerga to‘planib, kuyovlarining avzoyini muhokama qildilar. Ancha nari-beri gaplardan keyin ertaga erta bilan Xadichaxonni cho‘loq azayimxonnikiga yuborishga qaror berildi… Mingboshini tashqarida Miryoqub ham o‘sha sovuq xabar bilan qarshi oldi: – Xo‘jayin, sizni gazetga uribdilar! Mana, ko‘ring! «Salom» yo‘q, «alik» yo‘q, ikki g‘ildirakli aravasidan tushar-tushmas qo‘lidagi gazetni mingboshiga uzatib, kular yuz bilan shu so‘zlarni aytgan Miryoqub mingboshining ko‘ziga shu topda itdan ham xunuk ko‘rinib ketgan edi. – Tur-e, afting qursin sening!.. Gazeting boshshingni yesin!.. Gazetni olib uning yuziga irg‘itdi. Miryoqub esa qahqaha solib kuldi, yerga tushgan gazetni engashib yerdan oldi-da, qoqib ko‘ziga surtgach, to‘rt buklab cho‘ntagiga soldi, so‘ngra tezgina mingboshining qo‘ltig‘iga kirib, apil-tapil uni so‘richaga keltirib o‘tqazdi. – O‘tiring, xo‘jayin! – dedi o‘zi ham uning qarshisiga o‘tirarkan. – Nima bu tajanglik? Nima bo‘libdi? Dunyo buzilibdimi? O‘zi uchun Miryoqubdan boshqa chin ko‘ngildan kuyadigan odam yo‘qligini mingboshi yaxshi bilardi. Shu uchun uning bu kungi harakatini sira anglayolmay qoldi. Aravasidan tushmay turib «xo‘jayin, sizni gazetga uribdilar!» dedi, so‘ngra o‘sha gazetni (o‘sha gazetning o‘zini!) uzatdi… Bu nima gap? Tushimi, o‘ngimi? Yo ishongan tog‘i ham ag‘darilmoqchimi? Yo Miryoqub ham boshqa yoqadan bosh ko‘tarmoqchimi? Miryoqubsiz uning kuni kun bo‘ladimi? Bu davlatlar, obro‘lar, kattaliklar… – hammasi qamishning to‘zg‘og‘iday bir nafasda to‘zib ketadimi? Miryoqub burungi Miryoqub bo‘lsa, to mingboshi o‘zi gap ochmaguncha, bu qora xabar to‘g‘risida gap ochishga ham botinolmasligi lozim kelardi… Albatta, ko‘ngillarida hech gapni saqlayolmayturgan og‘zi bo‘sh odamlar bo‘ladi. Lekin unaqa odamlarning nomlari «Miryoqub», ayniqsa, «Miryoqub epaqa» bo‘lmaydi. Miryoqubning tishlari, har holda, lablaridan kuchliroq-ku! Lablarini tishlari orasiga olsa, tili o‘lgur bir oz ko‘milib turardi-ku… Faqat, Miryoqub hech bir ishni bilmasdan qilmaydi! Haligidek bema’ni vahimalardan so‘ng, nihoyat, mana shu keyingi natijaga kelganidan keyingina mingboshi esini boshiga to‘pladi va Miryoqubning yuziga gazetni irg‘itgani uchun o‘z-o‘zidan koyidi. Uning tirriq ta’bi ham tezgina o‘rniga tushdi, yuzi kuldi… – Hazilingni qo‘y endi, – dedi u oddiy va hatto bir daraja muloyim ovoz bilan. – Munga bir maslahat top. Yetti iqlimga yomon nomim ketdi… Miryoqub juda tinchlik bilan, kulib turib, bemalol gapirardi: – Habballi, mana munday deng! Jahl bilan, g‘azab bilan, tutaqish bilan bu to‘g‘rida hech narsa qilib bo‘lmaydi. Bu mahkumingizdagi qora fuqaro bilan bo‘ladigan ish emaski, chaqirtirib kelib Mirzaboboga buyursangiz-u yerto‘laga olib tushib, qichigan yerini qashlasa! Yozgan odam o‘sha berkitilgan maktabning domlasi… jadid! U allaqachonlar o‘z yurtiga yetib oldi, gazet bo‘lsa gazetchisi bilan birga Toshkentda… Siz-bizning emas, bizdan kattaroqlarning ham bo‘yi yetmaydi. Gazet yozadiganlar, odatda, zakunchi bo‘ladi… Ular bilan yarim poshshoga o‘xshagan ulug‘ odamlar olishmasa, ancha-muncha amaldor bakor kelmaydi. Jadidlar hammasi mahmadona keladi… – Jadiding nimasi? Nima degan gap o‘zi? – Maktabini yoptirgan vaqtingizda aytib bergan edim-ku. – Esda qolgan deysanmi? – Jadid degani «yangi» degani bo‘lsa kerak. Yurt orasida yangilikni rasm qilarmishlar… Yangi o‘qish, yangi maktab, yangi urf-odat, yangi kiyim – har narsa yangi… – Eskicha bo‘lsa, kimga zarari tegar ekan? – Unisini bilmadim… Ishqilib, jadidlarning qasdi shu emish… – Yangi mingboshi, yangi qozi ham desang-chi! – Albatta, o‘ziga mos keladigan mingboshi bo‘lsin, deydi jadid… – Darvoqe, Shamsiddin mingboshi bilan To‘raqul bo‘lus to‘g‘risida hech narsa yozishmaydi-ku jadidlaring… Nimaga mening to‘g‘rimda yozishadi? – Abdisamat mingboshini osmonga ko‘tarib yozganlaridan xabaringiz yo‘qmidi? – Ha, aytgancha! Bulturmidi? – Ha, bulturidi. Qanday maqtab yozishdi. – Jadidlaringga tushunolmay qoldim-ku! Men – butun umrimda!– to‘rtta xotin olibman. Uning ham bittasi o‘z ajali bilan o‘lgandan keyin… Abdisamat bir o‘ntacha xotin oldi… Hali ham to‘rttasi qo‘lida – naqd… Nega uni yozmaydi jadiding? – Mening jadidim emas, xo‘jayin! Shunday bo‘lsa ham, mening bilishimcha, jadidlar yangilikka mayl qiladigan odamni yaxshi ko‘radilar. – Ha, aytgancha, Abdisamat o‘z qishlog‘iga yangi tartib maktab ochgan emasmi? Durust… – Abdisamat mingboshi havlisida muallim saqlab o‘g‘illarini o‘qitadi. Jadid maktabiga pul bilan qarashadi. Odamlarning bolalarini yubortiradi. O‘zi jadid gazeti o‘qiydi… – Shu uchun jadidlarning ko‘zi uning o‘nta xotinini ham ko‘rmaydi degin. – Shunday. Jadidlar yangi maktabga qarashmagan boylarni «nodon, johil, u-bu» deb so‘kishadi. Ularning maktabiga ozgina yordam qilgan boyni «hamiyatlik boylarimizdan falon, falon…» deb osmonlarga ko‘tarib yozishadi… Siz ham jadid maktabini yoptirmasdan, og‘iz uchida «ha-pa» deb qo‘ysangiz, sizni ham maqtab yozishardi. Mingboshi shu yerda Miryoqubga tomon egildi va pastroq ovoz bilan dedi: – Noyib to‘ra qo‘ymadi-da, qandoq qilay. – Noyib to‘ra ham ayyor odam. O‘zi buyruq berib yoptirsa bo‘laridi, unday qilmadi. O‘zi bir chekkada turib, siz orqali qildirdi… Tayoq endi kelib, sizning boshingizda sindi! – Yo‘q, shoshma, men noyib to‘raning yonlariga boraman, «Ilojini qiling, o‘zingiz aytgansiz», deyman. Qani, yo‘q desin-chi! – Yo‘q deyishdan qo‘rqarmidi? Yo‘q deydi, tonib tura beradi… – Nega, axir? Nega? – Bugun tonadigan bo‘lmasa, o‘sha vaqtda o‘zi o‘z buyrug‘i bilan yoptirmasmidi? – Tonganiga qo‘yamanmi? – Nima qilardingiz? Urarmidingiz? – Urib bo‘ladimi? – Nima qilardingiz? Mingboshi jim bo‘ldi. Bir qo‘lini chakkasiga olib borib boshini qashlardi… Ikkalasi ham biroz jim qolgach, yana mingboshi gap boshladi: – Bir maslahatini topmasak bo‘lmaydi. Men bu ishni shunday qoldirib ketolmayman… Shamsiddin, To‘raqul, Abdisamatlar qo‘shkarnay bilan jar solishadi… bilasanmi? – Bu gapingiz rost, xo‘jayin. Ularnikida kechadan beri to‘y! – O‘sha maktabdor domlani toptirib kelib Mirzaboboga topshirsam-u, yerto‘lada bir burov solsa, deb edim. Shunda, ehtimol, ko‘nglim bir oz o‘rniga tusharmidi… – Boya aytdim-ku, endi uning arvohini ham topolmaysiz. – Nima qilamiz bo‘lmasa? Miryoqub javob bermadi. U aytmoqchi bo‘lgan so‘zini fikr tarozisiga solib o‘lchamoqda edi. Nihoyat, mingboshi tomonidan haligi savol yana qaytarilgandan keyin: – Nima qilardingiz, tishni tishga qo‘yasiz, xo‘jayin! – dedi. Mingboshi irg‘ib o‘rnidan turdi. – Tishimni tishimga qo‘yadigan hezlardan bo‘lsam, ma, ol, bu shop-shaloplarni! – dedi u baland ovoz bilan. – Menga boshput olib ber, Makkatulloga jo‘nayin! – O‘tiring, xo‘jayin! – dedi Miryoqub, uning ovozi ham bir oz ko‘tarila tushgan edi. – O‘shqirish bilan, zarda bilan bitadigan ish emas bu. O‘ylaylik, bir chora topaylik! So‘ngra o‘rnidan turib ayvonga bordi, u yerda choynak bilan piyola turgan edi: sovuq choyni piyolaga to‘ldirib quygach, bir shimirishda tamom qildi. So‘ngra orqasiga qaytarkan, odatdagidan qattiqroq va tezroq so‘zlandi: – Gazetni shaharda ko‘rdim. Shundan beri tadbir axtaraman. Hech bir tadbir topolmaganim uchun nochor-noiloj kulgiga zo‘r bergan edim. Katta ariqdan hatlayolmagan vaqtingizda kulgingiz keladi… bilasizmi? – Bilaman. – Yiqilgan polvon ham achchig‘ini kulib yengadi, – dedi yana Miryoqub. Mingboshi bir oz jim qolgach: – Ishqilib, bir chora topmasang bo‘lmaydi, – dedi. Faqat, bu keyingi jumla quturgan darrandaning emas, suvga pishilgan mushukning og‘zidan chiqmoqda edi… O‘yga botgan Miryoqub boshini ko‘tardi: – O‘zimizning gazetga kelishtirib bitta javob yozamiz. Jadid gazetida sizni so‘kkan bo‘lsalar, o‘z gazetimizda biz maqtaymiz, muallimni yomonlaymiz. Shu bilan tarozining biz tomon pallasi bosib tushadi. Abdisamatlarning karnayi bolalar chaladigan qamish nayga aylanib qoladi. Shu bas! – Ha, mayli! – Durustmi? – deb yana qaytarib so‘radi Miryoqub. – Durust! – dedi mingboshi. – O‘zing yozasanmi? – Bilib gapirasizmi, xo‘jayin? Men gazetning o‘zini tuzuk-quruq o‘qiyolmayman-ku, unga xat yozish qayoqda. Muni o‘z ahli, o‘z ustasi yozadi. Shaharga tushganimda to‘g‘rilab chiqaman. – Bo‘pti, – dedi mingboshi. – Ishqilib, o‘zing epla. So‘ngra o‘rnidan turib Miryoqubga yaqin keldi va uning qulog‘iga egilib: – Pul kerak bo‘lsa, ayama lekin! – dedi. – Pul degan narsa topilib ketadi, obro‘ topilmaydi, obro‘! Oradan ikki hafta o‘tgandan keyin Miryoqub «sart» tilida chiqadigan hukumat gazetasining bir nusxasini keltirib, indamasdan mingboshining quchog‘iga tashladi. U nusxada quyidagi maktub bosilib chiqqan edi: «Hurmatli gazet muallifi to‘raga salomdin so‘ng andog‘ arz qilinurkim, jadid nom toifaning shaharlarda chiqarilaturg‘on gazetida Akbarali mingboshi xususida noloyiq iboratlar bilan ta’rif qilingan bir noma chop qilindi. Shu xususda haqiqat yuzasidan izoh qilib ayturmizkim, Akbarali mingboshi qariyb o‘n to‘rt yildan buyon oq podshohimizning azamat davlatlariga sadoqat bilan xizmat qilib, shuncha zamon mobaynida hech qanday sarzanishga mustahiq bo‘lmadilar. Shahar va uyezd hokimi to‘ralar va fuqaro va boyonlar va ahli ilm toliblar va mudarrislar va xonaqohnishin shayxlar va eshonlar va hokazo hech kimsa mazkur mingboshidan chiyziy norozi bo‘lganlari yo‘qdur. Va balki hamisha aning haqqida xayri duodadirlar. Ul beodob maktabdor bo‘lsa hamma fuqaroning nazarida past va haqir ko‘rilgan erdi. O‘zi namoz o‘qimasdan va maktabda go‘dak bolalarga yer mudavvardur, ya’ni misli tarvuz yumaloqdur deb, shariatga xilof ilmlarni ta’lim bergani vajhidan fuqaro bezovta bo‘lib, har xil qiliqlar paydo bo‘lib, yurtning osoyishiga xalal kelganidan mazkur maktabdorning maktabini janobi Akbarali mingboshi berkitib erdilar. Bu vajhidan tamom fuqaro va alalxusus boyonlar, tolibi ilm mullabachchalar, mudarrislar, imomlar, shayxlar va zokirlar, so‘filar bag‘oyat mamnun bo‘lib, ul shahanshohi jahon oq podshohimizning va ham ul ulug‘ martabalik yarim podshoh janoblarining haqlariga duo aylab, shunday odil va insoflik fuqaroparvar amaldorlarni qo‘yganlari uchun ularga minnatdorlik izhor qiladurlar, vallohi a’lam bissavob, tammat-tammat tamom yozg‘uchi kamina xolis fuqarodin mulla Rivojiddin a’lami mulki abadiy». Buni o‘qitdirib eshitgandan keyin mingboshi juda xursand bo‘ldi. Endi to‘y bu tomonda boshlandi. Endi buning karnayi dunyoni buzajak, narigilarniki bo‘g‘ulajak edi. Endi yetti kishvar, yetti iqlimda Akbarali mingboshining qanday yaxshi amaldor bo‘lganini bilajaklardi. Oqpodshoh bo‘lsin-u, yetmish ikki toifaning tilini biladigan tilmochlari bo‘lmasin! U tilmochlar tomonidan tarjima qilinib berilgandan keyin, bu maktubni oqpodshoh, albatta, o‘qitib eshitajak… balki o‘zi o‘qiyajak… balki o‘zi gazetning tiliga tushunsa… qo‘l ostida shuncha toifa yashaydigan bir podshoh o‘z fuqarolarining tilini bilsa ajabmi? Mulla Rivojiddin o‘zi ajib bir xushtahrir odam! Yozishini ko‘ring: suvday ravon! Hamma uqadi, hamma anglaydi! Oqpodshoh nega anglamasin? Shundan keyin Peterburgdan Toshkentga – yarim podshohga telegram kelsa: «Mening shunday yaxshi amaldorim bor ekan, qadriga yetib, hol-ahvolidan xabardor bo‘lib turibsanmi?» Ana, shundan keyin Toshkentdan chopib keladigan katta to‘ralarni ayting! U vaqtda shahardagi hokim va pristup to‘ralar Akbarali mingboshiga «chas» («chest» demoqchi) beradigan bo‘ladi! Unda narigilar mingboshi emas, kech kuzdagi chibindan ham battar bo‘lib qolishadi!.. Bu safar gazetni bag‘riga bosib shu xil shirin xayollarga botgan mingboshi irg‘ib turib qarshisida o‘tirgan Miryoqubni quchoqlash va butun davlatini unga tutib yuborishdan o‘zini zo‘rg‘a to‘xtatib qoldi. Bunday odamga qancha qilsa va qancha bersa oz. Shunday bir xursandlik ichida suzgan mingboshiga Miryoqubning yana boshqa arzlari bor edikim, ular ham – ahamiyat jihatidan – gazetdagi maktubdan sira qolishmasidi. – Xo‘jayin, ko‘nglingiz o‘rniga tushdi, shekilli? – dedi u bir turli g‘urur bilan, lekin bu so‘zlar ortiqcha «moylanish» va xushomaddan yiroq edi. Mingboshi boyagi kayfni to‘la aks ettirib javob qildi: – Nimasini aytasan! – Bo‘lmasa, naryog‘ini eshiting. – Naryog‘ini? Mingboshining ko‘ngliga darhol iztirob tushib ulgurgan edi. Shunday yaxshi bir xabardan keyinga qoldirilgan arz, albatta, xayriyatdan gapirmaydi. Agar yaxshi gap bo‘lsa, Miryoqub uni gazetdagi maktubdan burun aytmasmidi? «Xo‘jayinning besaranjom ko‘nglini tinchitay, undan keyin yotig‘i bilan bu xabarni eshitdiraman» degan bo‘lsa-chi?! Yo‘q, amali ham qursin, obro‘si ham! Mingboshilikning shop-shalopi og‘ir bo‘lmasa ham, o‘ziga yarasha og‘ir tashvishlari bor… Katta odam bo‘lish ham qiyin!.. Mingboshining haligi so‘ng savolida butun shu iztiroblarning mazmuni bor edi. «Epaqa» laqabini tashiydigan tulki u savolning ostida yotgan behuda tashvishlarni darhol payqadi. Shu uchun darrov: – Bugun sizning to‘yingiz! – deb qo‘ydi. Va so‘zida davom etdi. Masala Qumariq paynovidan suv ichadiganlarning hokimga bergan arizalari xususida edi. Ariza berganlarning boshida kimlar turganini o‘tgan safar noyibning mingboshiga aytgan so‘zlaridan anglab olgan Miryoqub Qumariqning etaklarigacha borib kelib, hamma gapni bilganini va tegishli tadbirlarni o‘tkazib kelganini gapirdi. Ariza egalarining adabini berish vazifasi uning o‘z bo‘yniga yuklatilganligidan, haligi «o‘tkazilgan tadbirlar» bilan u o‘sha vazifasini ham bajarib kelgan edi. – Yaxshi. Ariza berganlar Yodgor echki bilan Umarali puchuq ekan. Aniq bilibsan. Xo‘sh, endi, qani, gapir-chi, ular xususiga nima tadbir qilding? Miryoqub kuldi: – Nima tadbir qilding deysizmi? – Ha, nima tadbir qilding deyman. Mingboshi butun diqqatini shu nuqtaga to‘plab Miryoqubga tomon bir oz egila tushgan edi. Miryoqub kulishida davom etib: – Bolalarga tayinlab keldim: pastdagi yerlarga ham uncha-muncha suv berib turinglar, dedim. Mingboshi yana ovozini ko‘tara tushdi: – Shu adab berganing bo‘ldimi? – Adab berganim bo‘lmasa qilarmidim, qalay? – deb Miryoqub yana kuldi. – Nechik, ya’ni? – Insof ham kerak axir, xo‘jayin! Sizning yerlaringizni sug‘orib bo‘lgandan keyin suvni yana Qumariqqa ochib qo‘ysa bo‘ladi. Ancha suv ortadi. Hech kim dod demaydi. Ayb chorakor bolalarda. Sizning obro‘yingizga tayanib beparvolik qilganlar. – Nimaga? – Nimaga bo‘laridi. Ular yerlarni sug‘orib bo‘lgandan keyin Qumariqqa yana qaytib suv ochmas ekanlar. Shuncha suv yondagi eski ariqlarga, pastliklarga tushib, ekinsiz yerlarni ko‘llatib yotar ekan. Pastdagilar o‘zlaricha kelib suvni ochgani qo‘rqishar ekan. Mirob bo‘lsa og‘iz ocholmaydi. – Ortiqcha suv bo‘lsa, mayli, bersin, – dedi mingboshi. – Hech narsa demayman. Lekin haligi ikkovining adabini berish kerak edi. Nimaga mening ustimdan ariza tashlaydi? – Adabini berish kerak bo‘lsa, tutib olib uramizmi? Yo ko‘pchilik oldida xo‘rlab so‘kamizmi? Yo bo‘lmasa… Mingboshi Miryoqubning og‘zidan so‘zini uzib oldi: – Har nima qilamiz! – deb baqirdi. So‘ngra ovozini pasaytira tushib ilova qildi: – Men ikkalasini chaqirtirib olib Mirzaboboga berishdan ham toymayman! – Bir marta hokimga ariza bergan odamlarni urib bo‘lmaydi. Keyin ular hokimga yana qayta arz qilsalar yo bo‘lmasa hokimning ustidan arz qilsalar – yomon bo‘ladi. Advokatlarning arizasini bilasiz-ku! Mingboshi indayolmay qoldi. Nafasi ichida edi. Faqat, o‘z fuqarolaridan ikkita boyga kuchi yetmaganiga hech chidayolmasdi. Yo‘g‘on oyoqlaridagi zo‘r-zo‘r kavishlari bilan bezovta bo‘lib yer depsinardi. Miryoqub bu holni ko‘rganidan keyin uni tinchitmoqchi bo‘ldi, mingboshiga juda tanish bo‘lgan kulimsirash bilan uning yoniga o‘tdi va dushman eshitsa ishonadigan bir ovoz bilan: – Ularning adabini dehqonlarning o‘zlari berishadi! – dedi. So‘ngra mingboshining hayron bo‘lib o‘ziga tikilganini ko‘rgach, Qumariqda qurib kelgan dasisalarini so‘zlab berdi. Uning so‘zidan anglashilardikim, Qumariqqa borgan vaqtida u yeriga suv yetmay alamzada bo‘lib yurgan oz yerli kambag‘allardan bilagi yo‘g‘on uch yigitni chaqirib, ularning yerlariga suv tegmaslikda mingboshining hech bir aybi yo‘qligini, hamma ayb Yodgor echki bilan Umarali puchuqda ekanini so‘zlagan. Yigitlar buning sababini so‘ragan vaqtida, Miryoqub ularni Sadaqayrag‘och degan joyga olib borib ekinlarni ko‘rsatgan. Chinakam, o‘sha joyda mingboshining bir shapaloqqina yeri bo‘lib, soya joyda qolib ketganligidan g‘o‘zalari uncha o‘smagan, ko‘p chigitlari chiqmay qolgan ekan. U yerning yon-veridagi ko‘p yerlar Umaraliboy bilan Yodgorxo‘jaga qarar ekan. Ularning yerlari mingboshining paynovidan suvni juda bemalol ichganlari uchun ekinning ko‘rinishi juda yaxshi bo‘lgan. Ana o‘sha ekinlarni yigitlarga ko‘rsatib turib, «mana, ko‘ring endi, kimning yeri ko‘p ichar ekan suvni!» degan. Shundayoq yigitlar mushtlarini tugumlab boylarning yerlari tomonga o‘qtalganlar, «hap siznimi!..» deganlar. Shundan keyin Miryoqub yigitlarni o‘tirishga da’vat qilib, ularga bir yashirin gap aytmoqchi bo‘lganini so‘zlagan. Ular yuraklariga talvasa tushib va lablari qaltirab uning og‘ziga tikilgach, sirni hech kimga aytmasliklari to‘g‘risida ulardan qattiq va’da olgan, undan keyin Umaraliboy bilan Yodgorxo‘ja tomonidan hokimga berilgan arizadan gap ochgan. Miryoqubning gapidan yigitlar anglaganlarkim, Umaraliboy bilan Yodgorxo‘ja yaqinda hokim to‘raga ariza berganlar va u arizada o‘z yerlarining necha yildan beri suvsiz qolayotganini, Qumariqdagi suvning faqat mingboshiga qarashli yerlar bilan boshqa ba’zi birovlarning yerlarini sug‘organini, bularning yerlariga hech bir suv oshmaganini yozganlar… Bu gapni eshitgandan so‘ng yigitlarning biri irg‘ib o‘rnidan turgan va mushtini tugumlagani holda «o‘zim tutib olib uraman zang‘arlarni!..» deya o‘shqirgan… So‘ngra Miryoqub turib bunday degan: «Mingboshi dodxo bo‘shagan suvning siz tomonga oqishiga qarshi emas. Lekin o‘sha ikkoviga o‘chakishib, pastga suv bergisi kelmaydi, «o‘shalarning yeri ichadigan bo‘lsa, hammaniki qurib ketgani yaxshi» deydi. Bari bir pastga suv berganimiz bilan sizga suv tegmaydi, hamma suvni ular ikkisi to‘sib oladi!» Bu so‘z yigitlarning yaralariga tuz-qalampir bo‘lib tushgan, ular uchalasi bir og‘izdan «mingboshi dodxo suvni pastga o‘tkaza bersin, ular bilan o‘zimiz gaplashamiz!» deganlar. Miryoqub ularning o‘z oldilarida mingboshining chorikorlarini chaqirib, bo‘shalgan suvni pastga o‘tkazmoqqa buyruq bergan. Mingboshi Miryoqubning bu arzini ertak tinglagan yosh boladay buyuk bir zavq va nash’a bilan tinglamoqda va erta-indin ikkala boyning boshiga tushadigan hangomalarni ko‘z oldiga keltirmoqda edi. Uning fikricha, o‘sgan bolaga eski kiyimi tor kelganday, Miryoqubga ham endi «epaqa» laqabi kamlik qilardi. Unga boshqa bir munosib laqab topish lozim kelardikim, unday laqabni endi bu qishloq odamlari topolmasdilar, buning uchun amir Navoiy yoki Mavlono Jomiy yo bo‘lmasa Shomashrabning tirilib kelishi darkor edi. Mingboshi Qumariqda chovrilgan u g‘alati nayranglar va u nayranglarning ustasi to‘g‘risida shunday shirin o‘ylarga ketgan, Miryoqub esa mingboshining xursandlik va kayf bilan mast bo‘lgan yuzlariga tikilgan bir paytda ichkaridan bir tovoq to‘la manti chiqib, dasturxonning o‘rtasidan joy oldi. Miryoqub bu dargohda tez-tez ko‘rinib turadigan bu serqatiq, semiz va yog‘liq mantilarga qadrdon do‘stini ko‘rganday shirin bir kayf bilan tikildi, so‘ngra ko‘zlarini tovoqdan ko‘tarib, mingboshining yuzlariga qaragach, shu topda tovoqdagi manti bilan tovoqqa tomon egilgan yuz o‘rtasida hech qanday farq ko‘rmadi: ikkalasi ham shu qadar yog‘liq edi! Mingboshining qo‘l yuvishni unutib, «oling-oling»ga qaramasdan, besh panjasini barobar botirib tovoqqa hujum boshlaganini ko‘rganidan keyin, Miryoqub irg‘ib o‘rnidan turdi-da, qo‘l chayqamoq uchun ariq tomonga yugurdi. Lekin mingboshi dodxoning ajdar kepatali ishtahasini bir oz to‘xtatmoq lozim edi, shu uchun Miryoqub uning aqlini o‘g‘irlamoq maqsadida qichiq masaladan gap ochdi: – To‘yni nima qildik, xo‘jayin? – dedi u qo‘lini chayqab turib. Mingboshi boshini tovoqdan ko‘tarmay, og‘zida bir manti, qo‘lida ikkinchi manti bilan shoshilib javob qildi: – O‘zing bilasan! Men qaydan bilay! Miryoqub mingboshining bu javobidan shu topda uning mantidan boshqa hech bir masala bilan mashg‘ul bo‘lolmasligini angladi. Chinakam, u qo‘lini chayqab dasturxon boshiga kelganida, tovoq yarimlay degan edi. Shu uchun ular ikkalasi ham bir ozgina jim qolishni ep ko‘rdilar. Ayniqsa, mingboshi og‘ziga paxta tiqqan kabi jiddiy sukutga tolmishdi… Tovoqning u yer-bu yerida uch-to‘rtta qatiqsiz manti qolgach, mingboshi dodxo tovoqdan boshini ko‘tardi. Faqat ikki ko‘zi va ham qo‘lining mo‘ljali tovoqda edi. – Ha, xo‘jayin, – dedi Miryoqub, – bo‘ldingizmi? – Bo‘ldim hisob! Qani, ol sen ham! – dedi mingboshi va o‘z oldidagi yolg‘iz mantiga qo‘l uzatdi… Ungacha Miryoqub ham o‘z tomonidagi mantilarni bir joyga to‘plab olgan edi! Tovoq bo‘shalib o‘rtadan ko‘tarildi, uning o‘rniga katta choynakda choy keldi. Shundan keyingina mingboshining gap-so‘zga ko‘chmak istagani ma’lum bo‘ldi. – Qani, qizdan gapir endi, betavfiq! – dedi u. – Otasi nima depti? – Siz ilgari qizning o‘zidan gapirib bering. Qalay, ovozi ma’qul bo‘ldimi? – So‘rab nima qilasan? Senga butun avliyo-anbiyolarni shafe keltirib aytamanki, o‘sha qiz menga nasib bo‘lsa, undan keyin xotin olishni bas qilaman! – Hech kimni shafe keltirmay tura turing hali. Keyingi ikkitasini olgan vaqtingizda ham, har safar, «bas endi! Shu – oxirgisi!» derdingiz. Bo‘lmaydigan va’dalarni til uchiga keltirmang, ichkarida tura tursin… Vaqti kelganda, va’da bermasdan ham bittaga tayanib qolsangiz bo‘laveradi… – Ishonmaganingni qara, benamoz! Men astoydil gapirayotirman. Xudo bitta, so‘z bitta! – Ho‘x-ho‘!.. Hali shu darajaga borib qoldingizmi? Bo‘lgan ekan! – Nimasini aytasan. U kelsa, uchovidan ham kechmakchiman. Uchoviga qayrilib qaramay deyman… bor-yo‘g‘imni o‘shanga beray deyman… – Sizga nima bo‘ldi, xo‘jayin? Aqlingiz joyidami? Yo yo‘qmi? Mingboshining ko‘zlarida allaqanday bir iztirob bor edi. Uning og‘zidan chiqqan so‘zlar tildagina aytiladigan so‘zlarga o‘xshamasidi. Miryoqub butun umrida ko‘rilmagan bu hol qarshisida shoshib qoldi. Yana bir necha marta boshini elab «ho‘x-ho‘, ho‘x-ho‘» deya takror qildi. Oraga jimlik cho‘kdi. Faqat, Miryoqubning chuqur o‘yga ketib, torta-torta choy ichgani eshitilardi. Mingboshi qo‘lidagi choyni hech bir luzumsiz aylantirib sovutmoq bilan ovora edi. – Ho‘x-ho‘! – dedi yana Miryoqub. – Otasi qurg‘ur yaqin kelmaydi-ku. – A? – dedi mingboshi. Choyni yerga qo‘yib butun vujudi bilan Miryoqubga tikildi. – So‘fisi qurg‘ur yomon taqvodor ekan, xo‘jayin. – Nima depti? – Ayta beraymi? Mingboshi qichqirdi: – Aytmay nima qilasan! Yashirarmiding? – Umrida peshonasi sajda ko‘rmagan odamga qiz beramanmi? – depti… Mingboshi negadir qahqaha solib kuldi: – Toza avliyo ekan-ku, – dedi. – Benamozga qiz bermas ekanmi? O, avliyosi tushkur-e! – Undan keyin, betavfiq, buzuq yuradigan depti… Mingboshi yana qahqaha soldi: – Sen bilan yurib shunday bo‘ldim, betavfiq! Epla endi o‘zing. Men bir ish qilib olaman qizni! Menga bermay kimga beradi? Shu choqqacha zo‘r berib allanarsalarni o‘ylamoqda bo‘lgan Miryoqub yon cho‘ntagidan soatini olib qaradi: – Ho‘x-ho‘, – dedi, – o‘n ikkiga yaqinlashib qolibdi. Men ketdim, xo‘jayin. O‘rnidan turdi. – Shoshma, – dedi mingboshi, u ham o‘rnidan turgan edi. – Maslahat nima bo‘ldi? Otasi bermaydi deb keta beramanmi? Miryoqub kavushini kiyib, sallasini boshiga qo‘ndirgach, mingboshiga yaqinlashdi. – Xotirjam bo‘ling, xo‘jayin! – dedi. Ovozida jiddiylik, keskinlik va o‘ziga ishonch to‘lib yotardi. – Otasini unatamiz, qiz sizniki bo‘ladi. Men o‘zim bajaraman bu ishni. Mingboshi uning orqasiga bir-ikki marta urib qo‘yib: – Senga ishonaman, senga, yo‘lvarsim, yo‘lvarsim! – dedi. Mingboshi kechaning chuqur jimligida kattakon kavushini taraqlatib, esnay-esnay ichkariga kirib borarkan, Miryoqub Mirzaboboni yoniga olib darvoza darchasidan ko‘chaga chiqqan va qishloq itlarining to‘palon vov-vovlari o‘rtasida keta turib johil so‘fining qaysarligini sindirish uchun turli-tuman tadbirlar axtarardi… Kecha va kunduz — 8-bob Razzoq so‘fining uyidagilar «mingboshi» degan so‘zni unutayozgan edilar. Mingboshi to‘g‘risidagi dovruq bir xil daydi shamollarday to‘satdan kelib qolgan, so‘ngra so‘fining ma’lum so‘zlaridan keyin butunlay jimib ketgan edi. Qurvonbibi yana qo‘ni-qo‘shnidan ish olib, ko‘rpa qavishga o‘tirdi. Zebi bo‘lsa hovuz bo‘yiga to‘shakchani solib, kashtasiga berildi. O‘lmasjon har o‘tganida deyarlik so‘fining baland devoliga osilib xipchin sindiradigan bo‘ldi. Endi kashtachi qiz «voy, o‘laqolay!» deb ichkariga qochmas, faqat, betiga ro‘molini parda qilib, ikki beti cho‘g‘day yongani holda, kulimsiragan ko‘zlari ila haligi pardaning yonidan mo‘ralardi… Saraton yaqinlashganga o‘xshaydi. Oftob tanurini qizita tushdi. Kechagina ko‘klarda qanot qoqib o‘ynashdan tuganmas lazzat olgan qushlar endi daraxtlarning quyuq ko‘lankali shoxlarida o‘tirib olib, issiqdan jon saqlaylar. Ko‘cha-ko‘ydan birorta otliq yo arava o‘tgunday bo‘lsa, dunyo-dunyo chang ko‘tariladi… Odamlar, jonvorlargina emas, dov-daraxtlar, jonsiz maxluqot ham entikib, bo‘g‘ilib nafas olgan kabi. So‘fi ham daydishdan tiyildi. Necha kundan beri suhbatga ham bormaydi. Darpardalarga choyshabdan pardalar to‘stirib, uyni qop-qorong‘i qildirib, bitta kiyizchadan boshqa hamma paloslarni oldirib tashlab, qoqlangan yerlarga qalin-qalin suv urdirib… ertadan kechgacha uydan chiqmaydi. Oldida – yaxna choy, yonida – yelpig‘ich, o‘zicha zikr qilgan bo‘ladi. Bir qarasangiz, «Hikmat»dan[efn_notes]Mutasavvuf shoir Xoja Ahmad Yassaviy devoni.[/efn_notes] baytlar o‘qib, ho‘ngur-ho‘ngur yig‘laydi… Dam bo‘lsa, suhbat hofizlari singari asta-asta xirgoyi qiladi. – Xonaqodan kechib yubordingiz, shekilli! – dedi bir kun Qurvonbibi. – Valdirama, fitna! – deb qichqirdi so‘fi. So‘ngra yana o‘z ishiga berildi. – Eshon buvam xafa bo‘lmaydilarmi? Qanday muridsiz! – dedi yana bir kun Qurvonbibi. – Shu issig‘da suhbatga hafsala bormi? Qiziq ekansan… – dedi so‘fi. Bu daf’a teskari burilib uyquga ketdi… Allakim ichkari eshik ketidan «So‘fi! Hov so‘fi!» deb chaqirgan vaqtida, so‘fi og‘ir uyquda, Qurvonbibi esa qavib bo‘lgan ko‘rpani egasiga topshirmoq uchun qo‘shnilarinikiga chiqib ketgan edi. Bu chaqiriqni hovuz bo‘yida o‘tirib eshitgan Zebi ro‘molini pana qilib eshik oldiga keldi. – Kimsiz? Nima deysiz? – deb so‘radi. U yoqdan sodda va bir oz dag‘al, lekin quvnoq bir erkak ovozi keldi: – Ha, Razzoq so‘fining ojizalarimisiz? Qalaysizlar, omon-eson bormisizlar? – Xudoga shukur, – deb qo‘ydi Zebi. – Men otangizni aytgali kelib edim… – Uxlab yotgan bo‘lsa kerak. Uyg‘otib beraymi? Zarurmi? – Eshonbobom yo‘qlatdilar. Uyg‘otmasangiz bo‘lmaydi. «Tez, oldingga solib kel!» dedilar… – Xo‘p bo‘lmasa, uyg‘otib berayin. Zotan, juda sergak uxlaydigan so‘fi birinchi chaqiriqdayoq uyqudan uyg‘ongan edi. Darpardaning bir qanotini ochib tashqariga un soldi: – Kim u? Nima deydi? Elchi so‘fining ovozini eshitdi: – Menman, so‘fi, menman: Xudoynazar! Elchining kim ekanini bilganidan keyin so‘fi uning nima uchun kelganini so‘rab o‘tirmadi. – Shoshmang bo‘lmasa, hozir chiqaman, – dedi. Apil-tapil hovuz bo‘yiga o‘tib tahorat yangilay boshladi. Qurvonbibi qo‘shnilarnikidan qaytib chiqqan vaqtda, so‘fi allaqachon ketib bo‘lgan, Zebi esa uyni yig‘ishtirarkan «birgina qizil olma uchun devol oshib boqqa tushgan» yigitcha to‘g‘risida ashulla ni dang qo‘ygan edi. – Hay Zebi, otang qani? – Eshon buvam oldirib ketdilar. Ashulla ning bo‘linishini istamagan qiz javobni kalta qilib, yana sernash’a qo‘shig‘ini boshladi. Faqat, kampir shu topda gapga va gaplashuvga juda qiziqardi. Chunki ko‘rpaqaviq uchun bu safar pulni ko‘pgina to‘laganlar, boz ustiga, «muncha chiroyli va tekis qavigani» uchun uni o‘z yuziga maqtaganlar; ikkinchi tomondan, cholning «bir haftadan beri uyda sasib yotgandan so‘ng» yana xonaqo tomonga yo‘l solishi kampirning bo‘g‘ilgan ta’bini ocha tushgan edi. – Xudo umrlarini bersin eshonbuvamning! Muncha yaxshi qilibdilar! Erkak degan hadeb uyda yota bersa, sasib ketadi… – Hali ham ko‘rpalaridan allaqanday hidlar buruqsaydi… – dedi Zebi. – Optovga olib chiqib yoy! Iloji bo‘lsa, hovliga olib o‘tib qoq! – dedi Qurvonbibi besh-oltita siyqa tangani qayta-qayta sanarkan. – Yaxshi bo‘libdi, aylanay, bolam, otangning og‘ir jussasini eshonboboday odam ko‘tarmasa, kim ko‘tara oladi? Bir oz jim qolgach, eski hasratini boshladi: – Ilohim, qovoqqinasi o‘chsin uning… Yuragim laxta-laxta qon bo‘ldi. Qovog‘idan doim qor yog‘adi, vajohati doim qish, doim izg‘irin… yo bir maslahatni aytib bo‘ladi, yo – ro‘zg‘or ishini. Koshki, boshqa mo‘min-musulmonday bir kasb qilib, besh-o‘n tanga topib kelsa… Yo‘q, yo‘q! O‘zi to‘y-mo‘yga borib qornini to‘yg‘azib kelsa bo‘ldi, boshqa bilan ishi yo‘q! «Uyda xotinim bor, qizim bor, ular nima yeydi?» deb o‘ylamaydi. Xonaqoning tekin shulonini yeb yomon o‘rgangan-da! Mehnat qilib, peshona terisini oqizishga endi ko‘ngli o‘lguri unamaydi. Akasi sho‘rlik qancha yalindi – «qishloqqa chiq, birga ishlaylik!» deb. Ko‘nmadi sira! Mehnatga tobi bormi, qalay? Och qolsa ham, bo‘yni ishga yor bermasdan, shu bo‘yicha o‘tib keta beradi. Tag‘in har yil bir qur hajga javdiganiga kuyaman! Yonida bir chaqasi yo‘q, nimaga ishonib bo‘lsaykin, har yil bir qur «boshput» oladi. Chinakam jo‘naydigan kishiday, bor puliga un olib, yog‘ olib – kulchalar yoptiradi. Taraddi bitgandan keyin, hajga borish qolib keta beradi-da, yog‘liq patirlarni xonaqodagi tekinxo‘r so‘filar yeydi! Ado bo‘ldim men mundan!.. Kuydim men mundan… Ko‘rpa-to‘shakni hovliga tashib yotgan Zebi bu hasratlarni tinglarkan, sho‘rlik onaning tog‘day bardoshiga qoyil bo‘lardi. Onasining juda og‘ir yuk ostida entikkanini bilganligidan, esini taniganidan beri unga har to‘g‘rida yordam qilishga tirishib, butun ro‘zg‘or ishini o‘zi eplab kelar, onasiga hech bir og‘irini tushirmas edi. Zotan, bu ro‘zg‘orni Qurvonbibining qavigan ko‘rpa-to‘shak va guppilari ila Zebining chevar qo‘llaridan chiqqan chorsi va do‘ppilari tebratib kelmaydimi? – Peshonamizga bitgani shu bo‘lsa, qandoq qilaylik, oyi?! – dedi qiz. Bu vaqtda ular ikkalasi hovlichaga yoyilgan paloslarni qoqmoqqa kirishgan edilar. – Albatta, bolam, qazoga chora yo‘q. Shunday bo‘lsa ham, ko‘ngil to‘lib ketganda, chidamay gapirasan-da odam… Ikkovi ham jim qolib, o‘z ishlariga berildilar. Bir ozdan so‘ng kampir kuyikishdan bosilib, oddiy ovoz bilan so‘radi: – Eshonbobom nimaga chaqirtirdi ekan? Kelgan odam aytmadimi? – Bilmadim, juda zarur, shekilli, «oldingga solib kel» degan ekanlar. Otam o‘zi ham apil-tapil tahorat yangilab chiqib ketdi. – Yaxshi bo‘libdi. Biror joyda to‘y-mo‘y bordir. Otang kelmasa ham, ehtimol, bolam, qishloq-pishloqqa chiqishadigandir. Bo‘lmasa, muncha jadallatib chaqirtirmasidi. – Qishloqqa chiqib ketsa yana yaxshi! – dedi Zebi. Shu topda uning yuzlariga quvnoq bir kulish yoyilgan edi. – Saltanatxondi chaqirtiray deb edim. Bir kelib o‘ynab ketsa yaxshi bo‘laridi. – Mayli, bugun kechgacha otang kelmasa, ertaga chaqirtirarsan. Qizning yuziga yoyilgan va borgan sari quyilmoqda bo‘lgan quvnoqlik qumga tushgan tomchi kabi birdaniga yo‘q bo‘ldi, uning jiddiylashgan ko‘zlariga endi tashvish ko‘lagalari cho‘kkan edi. – Na unimiz bor, na guruchimiz. Yana nonqoqiga chaqiramizmi? – dedi qiz. Onaning javobini kutib o‘tirmasdan, o‘rtangan bir ovoz bilan ilova qildi: –Yo‘qchilikdan qutular kun bormikin?.. – Koyima, qizim, – dedi ona, – o‘rtog‘ingni quruq jo‘natmaysan. Osh-suvingga yetkuligini eplaymiz. Zebi ko‘zlarini keng ochib qaradi: – Rost aytasizmi? Qurvonbibi ro‘molining uchidan boyagi tangalarni olib qiziga uzatarkan, ovini yiqitgan mergan singari ko‘ngli sevinch bilan to‘lgani holda: – Mana, bolam, ko‘rpa qaviqdan pul tegdi! – dedi. Zebi ikki qo‘lini onasining bo‘yniga tashladi, ona uning sochlarini ikki-uch marta yumshoq-yumshoq silagandan keyin, og‘zini u sochlarning o‘rtasiga qo‘ydi. Shunday qilib, ikki alamzada ko‘ngil juda qisqa bo‘lgan quvonchlarga berildilar… Faqat, bu to‘rt devol orasiga kiradigan quvonchlar o‘tkinchining nazariday bir nafasga kirib chiqadilar. Ularning kirganini zo‘rg‘a payqaganlar chiqqanini payqayolmay qoladilar. O‘sha to‘rt devol ichida tug‘ilib o‘sgan, o‘sha to‘rt devolning tund nazarlaridan boshqa hech narsa ko‘rmagan va unga ko‘nikib qolgan bechoralar o‘z hollarining muncha fojialigini payqay olarmidilar? Har qanday quvonchni o‘zlarining o‘sha tor dunyolaridan axtarmoqqa majbur bo‘lgan sho‘rliklar tashqaridan adashib kirib qolgan oriyat quvonchlarga ishonib ko‘ngil qo‘yarmidilar?.. Odatda xufton o‘tar-o‘tmas yotog‘iga kirib, ilk sahar uyqudan uyg‘onadigan Zebi otasining kelish-kelmasini bilib, shundan keyin xotirjam uxlamoq uchun anchagacha onasi bilan gaplashib o‘tirdi. Ular ikkalasi topgan-tutgan gaplarini bir-birlariga aytishib, uch choynak choyni tamomladilar. Butun el bir uyquni urib bo‘lganda ham so‘fidan darak bo‘lmagandan keyin, ona-bola uning eshonbobo bilan birga biror joyga ketganga hukm qildilar. Zebi ertaga o‘rtoqjonini chaqiraturgan bo‘lib shirin xayollar bilan uyquga ketdi. Bir tomondan, juda kech yotib, ikkinchi tomondan, nihoyat darajada totli tushlar bilan ko‘p rohat uxlaganligidan u ertasi kuni odatdagidan ancha kech uyg‘ondi. Uyqudan ko‘zini ochib, tevarak-atrofga qaragach, tashqari eshikning karrakday ochilib turganiga ko‘zi tushdi. Demak, so‘fi qaytgan edi. O‘zining bu qadar qattiq uxlaganiga hayron bo‘ldi. Otasi, odatda, darvozani juda qattiq taraqlatardi. Ichkaridan «labbay» deb javob berilgandan keyin, to birov chiqib darvozani ochguncha, badjahl so‘fi bardosh qilolmas, qo‘lidagi tayoq bilan zo‘r berib darvozani savardi… Demak, butun shu taraq-turuqni eshitmagan Zebining o‘likday qotib uxlagani ma’lum bo‘lardi. Endi Saltanatxonni chaqirish havasi yellarga uchdi… Endi yana haftalarcha so‘fining boshi uydagi yostiqdan ko‘tarilmaydi. Endiyana – qanchagacha – yosh qizning guldek umri hovuz bo‘yida igna sanchib o‘tadi. O‘rnidan turib bet-ko‘zini yuvdi, o‘choqqa o‘t yoqib, choydishni qo‘ydi, so‘ngra tashqari eshikni yopib qo‘yib, sekingina uy tomonga bordi. Bir juft darparda yopiq bo‘lganidan, uyning ichi bir oz qorong‘i edi. Astagina quloq berdi: birovning xo‘rsinib yig‘lagani eshitilardi. Yana ham qunt qilib tingladi. Yig‘lagan onasi edi. Ko‘ngli shuv etib ketdi. Bir ozdan so‘ng so‘fining g‘udurangani eshitildi: – Xotin kishini yig‘lashga halq qilgan xudo… Yig‘layber! Shundan so‘ng uy ichida og‘ir bir jimlik cho‘kdi. Qurvonbibining yig‘isi xo‘rsinish darajasiga tushib qoldi. Keyincha u ham jimib ketdi. Uzoq jimlikdan so‘ng so‘fining og‘ir bir tomoq qirgani eshitildi. So‘ngra u odatdagi amirona ovozi bilan: – Qani, bo‘l, choyingni ber! – dedi. Kampir ezilib muloyimlashgan ovoz bilan: – Shu yerga beraymi, yo eshikka chiqasizmi? – deb so‘radi. So‘fi yana o‘sha dag‘al ovoz bilan: – Dam uyda nima bor! – deb qichqirdi. Onasi tashqariga chiqqach, Zebi borib uning bo‘yniga osildi. Qurvonbibining ko‘zlari qizarib, qovoqlari ko‘kargan edi. – Nimaga yig‘ladingiz, oyi? – deb so‘radi Zebi. Onasi darhol javob berolmasdan bir oz o‘ylanib turgach: – Hech… – deb qo‘ydi. Javobning birdaniga berilmagani, so‘ngra bu «hech» degan ma’nosiz javob Zebining tashvishga tushgan ko‘nglini battar tashvishlantirdi. – U nima deganingiz? Bekorga yig‘laydimi kishi? – dedi u. Qurvonbibi yana jim qoldi. – Oyi, bir yomon gap borga o‘xshaydi. Mendan yashirib yotirsiz! – dedi Zebi. Uning ko‘nglidagi tashvish endi tiliga, ovoziga o‘tgan edi. Ona endi bu safar bolasini qondirgunday javob bermoqqa majbur bo‘lganini payqadi. Faqat, nima deyishini bilmasidi. – So‘rab nima qilasan, bolam? Otangning fe’lini bilasan-ku, bekordan bekorga meni g‘adablab o‘tiribdi… – Nima deydi, axir? – Nima deridi? Boshimni olib bir yerga ketaman deydi… to‘ydim senlardan deydi… Zebi onasining bu gaplariga ishonib, ko‘ngli ancha tinchigan bo‘lsa-da, onaning o‘zi o‘z og‘zidan chiqqan bu yolg‘onlarga sira ishonolmas, «o‘zim ishonmagan narsaga qizim bechorani qanday ishontiraman» deb o‘ylardi… – Otamning shunaqa xulqi bor, – dedi Zebi. – Ba’zi-ba’zida fe’li aynisa, «ketaman»ga tushadi. Qo‘ying, xafa bo‘lmang. Erta-indin bosilib qoladi. Ilgari qilmagan bo‘lsaykan… Zebining bu muhokamasi onaning ko‘nglini darrov tinchitdi. Qizining bu so‘zlarida va u so‘zlarni aytgan vaqtidagi ovozida yosh bolalarda bo‘ladigan bir soddalik ko‘rinardi. Qiz bechora hali ko‘p sodda! U onasining og‘zidan nima chiqsa darrov ishonadi! Faqat, ona bechora o‘z qizini qachongacha aldab yura oladi? Qizning bu soddaligi qachongacha davom etadi? Bu aldashlar erta-indin ochiq haqiqatlar qoshida chilparcha bo‘lib sinmaydilarmi? U vaqtda aldamoq uchun so‘z topiladimi? Yosh qizning «qars» eta yorilishi mumkin bo‘lgan ko‘ngil shishasini yamash uchun onaning tadbir sandig‘ida hech narsa topiladimi? Sodda qiz til uchida aytilgan bir-ikki og‘iz gap bilan tinchlanib, so‘riga joy qilgali chiqqan vaqtida, ayvonning bir chekkasida o‘rnidan jilolmay qolgan onaning ko‘nglida shu tashvish va shu andishalar aylanardi. Keyincha, qizning tamom tinchlanganini ko‘rgach, Qurvonbibi ham iztiroblardan yengillanganday bo‘ldi. So‘riga kelib tayyor dasturxonga o‘tirgach, Zebining peshonasidan o‘pib-o‘pib qo‘ydi. Otasini nonushtaga chaqirmoq uchun kirgan Zebiga Razzoq so‘fi nimagadir: – Choyingni hovliga chiqib ich! – deb buyurdi. Bu buyruqqa na ona e’tiroz qildi va na qiz. Ayniqsa, Zebi butun bu narsalarni otasining fe’li ayniganidan ko‘rardi. Onasining ko‘zlarida shuncha iztiroblar qaynab toshgan holda, yosh qizning sodda ko‘ngli ularni ko‘rolmas edi. Onaning ko‘ngli sir berkitish orqasida g‘ashdan yorilay deganda, qizning ko‘ngli dam O‘lmasjonni, dam Saltanatxonni erkalatib o‘ynardi. Hovuz bo‘yida yana o‘sha qo‘shiq, yana o‘sha yoqimli ovoz suvlarning jimjimasi ustida yo‘rg‘alardi. Yana o‘sha kashtalarning yana o‘sha kular yuzli ipaklari ilang-pilang chiziq ustidan borib, kungiralarning shaklini qavartirardi. Yana o‘sha devoldan yana o‘sha aravakash bola mo‘ralab, yosh qizning mungli qo‘shig‘ini bo‘lardi… Bir kun ertalab ikkita qo‘y bilan bir arava un-guruch kelib kirgandan keyin, Zebi onasining andishali ko‘zlariga qaramasdanoq tunov kungi ko‘z yoshlarning ma’nisiga tushundi. Yosh qizning ko‘ngil shishasiga bir tosh kelib tekkan kabi bo‘ldi… Nonushtadan biroz keyin qo‘ylar kelgan bo‘lsa, tushga yetmasdan qassob tayyor bo‘ldi va Razzoq so‘fi etagini beliga qistirib, yenglarini shimarib tashqariga jomlarni, savatlarni tashimoqqa boshladi. Qo‘ylarning qop-qora qonlari yerlarni bo‘yamasdan turib, tashqari tomondan xursand ovozlarning: – To‘y qulluq bo‘lsin, so‘fi! – Juda soz bo‘libdi! – Bunday davlatni kam bandasiga beradi xudo! – degan xushomadlari ko‘tarildi. Endi onaga qo‘shilib qiz yig‘lar, qizga qo‘shilib ona yig‘lardi. Bularning yig‘ilari kuchaygan sari tashqari tomondan kelayotgan xushomadlar ham kuchayar, butun mahalla-ko‘y Razzoq so‘fining baxtini olqishlab chapak chalardi! O‘rtaroq bir xonadonning orzu-havasli kattakon to‘yidan hashamatliroq bo‘lib o‘tgan fotiha to‘yidan keyin Qurvonbibining ko‘zlarida yig‘laydigan yosh ham qolmagan edi. Zebining ko‘z yoshlari sira tinmadi. Bu orada Saltanatxon ikki marta kelib ketdi. Qumrixon keldi, boshqa o‘rtoqlari kelishdi, har yo‘l bilan Zebining ko‘nglini olishga, uni yupatishga urindilar. Bo‘lmadi? Ko‘z yoshlari ariqning suviday o‘zlari kelib, o‘zlari quyulardilar. Ilgariroq kunda yuz marta qizini yupatgan, uning ko‘z yoshlarini yenglari bilan artgan ona endi u yoshlarga ko‘nikib qolgan, indamasdan o‘z ishiga mashg‘ul bo‘lar, to‘y hozirliklarini ko‘rardi. Har haftada bir keladigan qo‘y, un-guruchni tashimoqdan Razzoq so‘fining qo‘llari qavardi… Toza guruchlar bilan bo‘rdoqi qo‘ylarning palovlarini yemoqdan quyuq yog‘lar me’dasiga urdi… Yog‘liq qo‘llarini arta bermoqdan uning eski bedana mahsisi oynaday yaltirab ketdi. Butun bularning orqasida ona bilan bolaning qaynoq ko‘z yoshlari quyilardi. Butun bu noz-ne’matlar yosh qizning ko‘ngil shishasini sindirish bahosiga tushgan edi. Faqat, so‘fi ko‘ngildan va uning nozik shishasidan bir narsa anglaydigan odam bo‘lmaganligidan bu kattakon ishning oqibatini xayol qilgan vaqtlarida «kelasi yilga (inshaollo!) hajga ketish nasib bo‘ladi» degan umidlar bilan xursand bo‘lardi… Birinchi marta qo‘y kelgan kundan beri butunlay esidan og‘ib qolgan Qurvonbibi fotiha to‘yidan keyin bir oz o‘ziga kelgan edi. Bora-bora Zebining ko‘z yoshlari ham quridi. U ham xuddi suratday jonsizgina sudralib yura boshladi. Burungiday onasining hech bir so‘zini qaytarmas, nima desa og‘zidan chiqqan hamon bajarardi. Es-hushi o‘zida bo‘lmagan bu jonsiz suratning yog‘ochday qotib qolgan qo‘llari va barmoqlari ila ro‘zg‘or ishlarini yana burungiday puxta bajarishlari onaning qurigan ko‘zlarini ham yana yosh bilan to‘lg‘azib yuborardi. Zebining og‘zidan na bir og‘iz so‘z chiqar, na bir bayt qo‘shiq, na bir oh-voh. Bu hol onaning iztirobini beshbattar oshirardi. «Bu ketishda qizim sho‘rlik to‘yga yetarmikan, yo‘qmikan?» degan xayollar onaning bag‘rini tilardilar. Eshon chaqirtirib ketgan kunning ertasida, Razzoq so‘fi uyiga qaytib kelganidan keyin «qizingni mingboshiga berib keldim, taraddingni qil!» degan, shundan so‘ng Qurvonbibi yig‘lashga boshlagan, uni Zebi yupatgan, shu bilan ish fotiha to‘yiga borib yetgan edi. Bu orada anchagina vaqt o‘tsa ham, Qurvonbibi o‘z eridan ilgari rad qilgan mingboshiga keyincha rozilik berishining sabablarini so‘ramadi. Gapning rosti, yuragi betlab so‘rolmadi. Ilgarilari Zebi o‘z otasidan qanday qo‘rqib qochgan bo‘lsa, endi Qurvonbibi ham o‘z eridan shuncha o‘zini chetga tortardi. Zebining haligi ahvoli ko‘ngliga tashvish solganidan keyin chidayolmadi, bir kun Zebining yo‘q vaqtini topib turib eriga so‘z ochdi: – Boshim gangib, hech narsa deyolmay yotibman… – Ha, nima demakchisan, fitna? – So‘fi avvalgiday quruq va sovuq gapirardi. Qurvonbibi ho‘rsinganidan birozgacha nafasi bo‘g‘ziga tiqilib, gapirolmay turdi. Keyin, nafasini bir oz o‘nglab, yana boyagiday ho‘rsinish ovozi bilan bo‘lib-bo‘lib so‘zladi: – Bu nima qilganingiz? Bu… – Ha, nima qilibman, bachchag‘ar? – Ilgari… mingboshi o‘lgurga… bermayman deb kelib edingiz… qo‘rsayib… maqtanib gapirib edingiz… «Benamozga… qiz yo‘q!» degan edingiz… Qani u qo‘rsayishlar? Nima bo‘ldi? Tuppa-tuzuk so‘fi odam bir benamoz, bir bo‘zaxo‘rga qiz berib o‘tiribsiz? – Bersam nima bo‘pti, bachchag‘ar? O‘z qizim… – O‘z qizingiz-ku… Tengini topib bering-da… Eshonbobomning man qilmaganlariga hayronman. Ha… ha… Shu yerga kelganda Qurvonbibi biroz dadillanib, ovozini ko‘tara tushdi. Go‘yo eshonbobo uning tomonida bo‘lib, Razzoq so‘figa qarshi chiqajak edi: – Ha… ha… endi bildim! Bu gapdan, vallohi a’lam, eshonbuvamning xabarlari yo‘q! Bo‘lmasa, sizning bu behuda ishingizni qildirtmas edilar. U yoqda so‘fi achchig‘i kelib baqirish o‘rniga, bir narsadan xursand bo‘lganday, miyig‘ida kulib turardi. Qurvonbibi davom etdi. Uning ovozi yana ham ko‘tarila tushgan edi. – Shoshmang! Eshonbuvamga borib dod deyman! Ori rost, bir bo‘lgan ishni endi buzdirish mumkin emasku-ya, ishqilib sizdan dod deb bir ko‘nglimni bo‘shatmasam bo‘lmaydi… – E ablah, fitna! – dedi so‘fi kulib turib. – Esing yo‘qligi shu-da! Shu-da esi pastliging! Shu-da xotinliging! Qurvonbibining achchig‘i keldi: – «Echkiga o‘lim, qassobga yog‘!» Men o‘lolmay garangman, siz hadeb kulasiz. Ha, eshonbuvamga aytolmaymanmi? – Ha, ayt! Ayt borib! – dedi so‘fi yana kulib turib. – Ablahligingni pirimizga ham ko‘rsat, fitna! – Obbo, aqllig-ey! Shoshmang, hali! Eshonbuvam g‘adablagandan keyin esingiz kiradi. Hali yog‘liq palovlar bilan mastsiz! So‘fi kulishdan to‘xtab jiddiylashdi. – Bas deyman, ahmoq, bo‘ldi! – deb qichqirdi u. – Hech narsadan xabaring yo‘q, valaqlay berasanmi? Mingboshiga bergin deb, qistab yurib meni ko‘ndirgan eshonbuvamning o‘zlari bo‘lsa, nima deysan? Qurvonbibi ixtiyorsiz: – Voy, o‘laqolay! – deb baqirdi. – Eshonbuvam o‘zlari boshmi hali? Voy, sho‘rim qursiney! Bechora kampir boshlariga mushtlardi. – Mushtla boshingni, fitna! – dedi so‘fi yana o‘sha jiddiyat bilan. – Ko‘proq mushtla, yor o‘sha esi past boshni!.. Ikkalasi ham jim bo‘lishdi. So‘fi hamon o‘sha jiddiyat bilan bir nuqtaga tikilgan, Qurvonbibi endi bir oz o‘zini to‘xtata boshlagan edi. U oddiy va tinch ovoz bilan so‘radi: – Eshonbuvam qistagan bo‘lsalar, qattiq tursangiz bo‘lmasmidi? Faqat, kampirning bu so‘zlarida endi taqdirga tan berish unlari bor edi. Bu unni so‘fi ham payqadi. U bugun nechundir bir oz yumshara tushgan, xotini oldida o‘zini oqlamoqqa tirishganday ko‘rinardi. – Hovliqmay gapirsang, fitna… Dunyoni buzasan… – dedi u. – Men ko‘p olishdim. «Benamozga qiz bermayman!» dedim. «Sen-bizning ming yil ibodatimiz-u ularning bir kunlik xizmatlari – bab-barobar! Mingboshi qancha mo‘min-musulmonning hojatini chiqaradi, qancha alamzadaning dodiga yetadi, qancha o‘g‘ri, kisavur, qaroqchining jazosini beradi! Qancha nohaq bo‘lgan ishlarni haqqa qaror topqizadi. Ibodat ham – ibodat, mo‘min-musulmonga xizmat ham – ibodat! Balki bu keyingisi – avlo!» dedilar. Nima deyin? Nima deb bo‘ladi? Men omi bo‘lsam, savodim bo‘lmasa, oq-qorani tanimasam, u kishi mulla bo‘lsa, zabardast bo‘lsa, xudoning buyrug‘ini tushunsa, shariatni, tariqatni suvday bilsa… nima deyman? So‘fining o‘z xotiniga astoydil kuyib-yonib o‘z qilmishlaridan buncha duruv-daroz hisob berib o‘tirishi – mana shu edi. Buni Qurvonbibi tegishincha taqdir qila bildi. Eriga issiq nazar bilan qarab, uning ahvoliga endi bir daraja achina boshladi. Shu uchun ancha og‘irlik va bosinqilik bilan: – Men-ku hech narsa demas edim, – dedi u, – mana bu qizingiz xuddi bir suratga aylanib qoldi… Qo‘rqib yotibman… – O‘rtoqlarini chaqirtir, fitna… O‘yin-kulgi qilishsin… U tarafdan men ham to‘yni tezlatay… Tezroq berib qutulaylik. – Saltanatxon o‘rtog‘ini o‘zi ham chaqirmoqchi bo‘lib turib edi, – dedi kampir. – Siz uyda bo‘lganingiz uchun… – Men xonaqoga ketaman. Chaqirtira bersin. Un-guruch bo‘lsa serob… Pul ham bor, orzu-havas qilaman desa, mana pul. Bozordan oldirsin. Ko‘ngli xohlaganini qilsin! Shu so‘zlarni ayta turib, yonidan bitta o‘n so‘mlik yangi qog‘oz oldi, uni barmoqlari orasida uvib, shir-shiragan ovoz chiqardi, undan keyin yuzlarida shu choqqacha hech bir ko‘rilmagan bolalarcha quvonish bilan kampirga uzatdi. Kampir umrida ko‘rmagan o‘ntalikning naqshlariga qararkan, shu naqsh singari jonsiz bo‘lib qolgan sho‘rlik qizini ko‘z oldiga keltirdi-da, ko‘zlariga ixtiyorsiz yosh olib yubordi… Kecha va kunduz — 9-bob Zebini tushirib kelish uchun shaharga borgan xotinlar, ularning o‘z tillari bilan aytsak «qudalar», boshlarida Poshshaxonga o‘xshagan eslik va ayyor bir juvon turganiga qaramasdan, negadir, «kichkina mitti»ni nazardan qochirdilar. «Kichkina mitti xon xo‘jani yiqitdi» deydi o‘zbek maqoli. Qudalar qofilasi shaharga jo‘narkan, Umrinisabibini aravadan o‘z qo‘li bilan tushirib yuborgan va unga qarab «agar to‘yda yo to‘ydan keyin men sizni uyda ko‘rgunday bo‘lsam, mingboshi dodxoga aytib avaqtaga jo‘natdiraman!» degan Poshshaxon Umrinisabibining qizini yo ko‘rmadi, yo ko‘rsa ham nazariga ilmadi. Poshshaxonning qo‘ygan qizlari, ya’ni uning o‘z «odamlari» shaharning o‘zida, yo‘lda va har yerda Zebi bilan birga bo‘linib, farishta qiyofasidagi shayton kabi uning ichiga kirib, pistoqi ta’zimlar va serxushomad gaplar bilan uning ko‘nglini ovlab – mingboshi dodxoga uni «isittirarkan», o‘zlarining muvaffaqiyatlaridan hech bir shak-shubha qilmasdilar. Tezda-tezda ularni chaqirib ta’limot berib turgan Poshshaxon o‘z odamlarining ma’ruzalarini eshitgandan keyin, boz ustiga, o‘zi ham chimildiq ketiga o‘tib Zebi bilan jonajon o‘rtoqday gaplashgandan so‘ng, «qizning muqovamatini sindirdim, o‘jarligini yengdim!» deb o‘ylardi. O‘ziga ko‘p bino qo‘yganlarning aldanishi yomon bo‘ladi! Ikki qiz va bir juvonning butun mehnatlarini Umrinisabibining «kichkina mitti»si bir necha og‘iz gap bilan yuvib tashlashga juda oson muvaffaq bo‘ldi. Umrinisabibini ishga solib qo‘yib, o‘zi allaqaylarda tajangligidan kokilini yulib yurgan Sultonxon endi shayton kulishi bilan kulib, qo‘li tolguncha chapak chalsa bo‘ladi. Uning ko‘ngli oldin sezish yo‘li bilan bir narsa sezgan bo‘lsa, hali ham jirtak chalib kulayotgandir. Kim biladi! Shaharda bir necha minut, qishloqda – mingboshinikida undan ham ozroq xoli fursat topib, «kichkina mitti» Zebiga aytiladigan hamma gapni aytib oldi. Mingboshini shunday tasvir qildiki, endi uning o‘rniga – kuyov rolida – bir dev kirib kelsa, Zebi «jon!» derdi. Buning ustiga, «bechora Sultonxonning ma’sum ko‘z yoshlari», «ikkala ittifoqchi» (Xadichaxon va Poshshaxon)ning ming bir «hilalari» ham (Xotinlar o‘zlari xuddi shu shaklda – «hila-a» deb gapiradilar) yosh va ma’sum bir qizning samimiy tili bilan bir-bir bayon qilindi. Shu uchun to‘yga yaqin va to‘y kunlarida o‘z o‘rtoqlari bilan kulib gaplashgan, Poshshaxonning odamlariga esa qiyomatlik do‘stlarday muomala qilib, ularga «g‘alaba» g‘ururini bergan Zebi qishloqqa jo‘nar kuni birdaniga o‘zgarib, yoniga o‘z onasidan boshqa hech kimni kirgizmay, birdaniga burungi quruq «surat» shakliga kirgach, ittifoqchilar shoshib qoldilar. Zebi o‘zi uchun ajratilgan katta uyga kirib, ipak chimildiqning ketiga o‘tgan vaqtida, ikkala ittifoqchi to‘ychi xotinlarni ham unutib, dasturxon va osh-suv masalalarini ham birovlarga topshirib, o‘zlari Poshshaxonning uyiga chekildilar va bu o‘zgarishning sababini tekshirib, chorasini axtarmoqqa boshladilar: ko‘p o‘yladilar, ko‘p rejalarni chizib ko‘rdilar… Faqat, shu kichkina mitti hech birisining esiga kelmadi. Shu uchun o‘zgarishning sababi bilinmadi! Ular bir chora topishdan ham ojiz edilar, shu qaltis paytda aqllari hech narsani olmasdi. Bir tarafdan – kuyovning kirar vaqti yaqin, ikkinchi tarafdan – hovli yuzi to‘la xotin-xalaj, bola-chaqa, yetti iqlimdan odam bor, shovqin-suron, qiy-chuv, miya aynaydi… miya aynaydi, xolos! Bir kuchli ovoz bo‘lsa-yu hovliga chiqib o‘kirsa va xotin-xalaj bir nafasgina jim bo‘lsa… Bular o‘ylab bir fikr chiqarsalar! Holbuki, xotin-xalajning qiy-chuvi avj olayotir. – Shoshmang, nima gap? – dedi birdaniga Poshshaxon. Darhaqiqat, tashqarida xotin-xalajning umumiy xori boshlangan edi. Hovlidagi xotinlar hammasi birdan allanima deb, bir so‘zni takrorlab shovqin solardilar. Bular ham bir-bir ketin hovliga chiqishdi. Kichkinagina bir voqea bo‘lib o‘tgan edi. Zebi kattakon uyning to‘risida, ochiq deraza yonidagi burchakda, chimildiq ketida onasi bilan birga o‘tirardi. Uncha besaranjom bo‘lgani ham ko‘rilmasdi. Hatto xotinlarning qiziqroq gaplarini eshitsa kulib qo‘yardi… Hovlida, derazaning takkinasida turgan ikkita xotin – kim ekanliklari noma’lum! – tik holda o‘zaro gaplashib turib gapni mingboshi dodxo va Zebi to‘g‘risiga ko‘chirdilar. Zebi ularning suhbatlarini yuragi o‘ynab turib tinglar va onasi suhbatga mone bo‘lmoq istasa, yo‘l qo‘ymasdi. Ikkala xotin ovozlarini picha ko‘tara tushib, xotinlar qiy-chuvi orasida suhbatda bemalol davom etdilar. Zebining qulog‘i ham go‘yo derazaga osilib qoldi. – Qizingiz yetilib qoldi, mingboshi dodxoga bermaysizmi? – dedi ularning bittasi ovozini ko‘tara tushib. Yana biri ovozini ancha baland chiqarib bunday dedi: – Buvatavakkal adirida odam soniday yo‘g‘on ilonlar bo‘lar emish. Shularga bersam bo‘lmaydimi!.. Zebi «oh» deb bir qichqirdi-da, onasining quchog‘iga yiqildi. Xotinlar chuvillashib chimildiqqa tomon yugurdilar. «Voy, nima bo‘ldi? Voy, nima bo‘ldi? Voy, o‘laqolay! Voy, sho‘rim!» ovozlari har tarafdan yuksaldi. Chimildiq atrofini qurshab «voy, nima bo‘ldi?» degan xotinlar orasida haligi ikkovi ham bor edi… Birozdan so‘ng ular ikkovi oradan yo‘q bo‘lishdi. Ularning kelib-kelmaganini hech kim bilmadi. Shuncha ko‘p xotin-xalaj orasida ikkita xotinga son bormi? Poshshaxon bilan Xadichaxon voqeani surishtirib ko‘rdilar. Har og‘izdan har xil gap chiqardi. «Allakim kelinga eshitdirib kuyovni yomonladi» deganlar bo‘ldi. «O‘z qulog‘im bilan eshitdim» deganlar bo‘ldi. Faqat uydagi xotinlar «Tashqaridagilar gapirdi!» dedilar, tashqaridagilar ichkaridagilarni aybladilar… Zebi ko‘zlarini mo‘ltiratib, qo‘li ko‘ksida, bedarmon yotardi. Og‘zini ochib bir so‘z demas, savollarga javob bermas, yoniga kirgan Enaxonni ham tanimasdi. Rangi paxtadek oqargan, qovoqlari birushta uchib turardi. Poshshaxon Umrinisabibining eshigiga qulf soldirib qo‘yib, ittifoqchisi bilan yana kengashgali kirdi. Bu safar kengash juda kalta bo‘ldi. Chunki vaqt nozik, tezroq chora ko‘rish lozim: kuyov kiradigan vaqt bo‘lgan edi. – Kuyovingizni buguncha kirgizmay tursak, – dedi Poshshaxon. – Ertaga Zebixonni aldab-suldab yo‘lga solardik… Keyin olib kirib qo‘ysak, undan narisini erkak kishi o‘zi eplab olardi… – O‘-v-v… – dedi Xadichaxon. – Koshki, ep degan narsa bo‘lsa kuyovda… – Unisi rostku-ya… Har qalay, ertagacha xudo poshsho egam… Bugunning maslahatidan keling. – Haligi maslahatingiz durust… Buguncha tura tursin, o‘lmas… – O‘lmaydi, albatta… Peshonasidan ko‘rsin… Ishqilib, Sultonning oshig‘i olchi! – Nimasini aytasiz. Umrinisa fitna yetkazgandir bu choqqa… – Qo‘yadi deysizmi? Erta qachon… – Jirtak chalyapti desangiz-chi, yashshamagur… Ikkalasi ham bir nafas jim qolishdi. – Maslahat haligi bo‘ldimi? – dedi yana Poshshaxon. – Buguncha kirmay turadimi? Yaxshi maslahat. – Boshqa iloji ham yo‘q. Ammo u o‘jar kuyovni kim ko‘ndiradi bunga? – G‘alati ekansiz! Kim ko‘ndirardi?! Miryoqub akangiz-da… – O‘zingizning akangiz… – Hammamizning akamiz… – Chaqirib ayting bo‘lmasa. – Yo‘q, siz kattasiz, siz ayting! Men yaqin yo‘lamayman! Xadichaxon Miryoqubni chaqirib gaplashgali tashqari eshik oldiga chiqdi. Poshshaxon Zebidan xabar olgali yugurdi. Sultonxon to‘yga bir necha kun qolganda onasinikiga ketgan edi. Ketarkan kimdan so‘rab – ijozat olib ketishini bilolmadi. So‘raganda kimdan ham so‘raydi? Mingboshining onasi rolida hozir Xadichaxon. Unga kirib yalinadimi? Yo Poshshaxonga ta’zim qilib undan so‘raydimi? Ular nima deydilar? Til uchida «voy, aylanay, voy, o‘rgulay» qilsalar ham, ko‘ngillarida «O‘la-h, o‘lganing yaxshi! Alam qildimi? Qochging keldimi? Qoch, orqangga qaramay qoch, kavushingni qo‘ltiqlab qoch!» demaydilarmi? Mingboshidan so‘rash kerak edi, albatta. Uning oldidan o‘tmay bo‘lmaydi. U – er, er – podsho, xotinning inon-ixtiyori o‘shaning qo‘lida. Faqat, shu topda mingboshining ko‘ziga oq-qora ko‘rinmaydi. Mingboshi shu kunlarda o‘z soyasidan ham bexabar… Besh-olti oy burun bor edi uning Sultonxoni. Endi yo‘q! Bir yil burun uncha-muncha «Sultonim» deb turardi mingboshi. Tez-tez buning yonida bo‘lardi. Bu dargohga erta bahorda Zebining qadami tekkandan beri Sultonxon butunlay nest-nobud bo‘ldi. Kechagi botgan quyoshday… Unutildi! Paranjisini yopindi. Umrinisabibining darchasiga yaqinlashganida birdan to‘xtadi va orqasiga qaytib, Xadichaxonning uyiga tomon yo‘naldi. – Men oyimlarnikiga ketyapman. Uch-to‘rt kun aylanib, ko‘nglimni yozib kelay… Xadichaxon «ha, mayli» deb qo‘ya qolsa nima bo‘lardi? Juda chidamay ketsa – indamasinidi, bunga qarab miyig‘ida bir kulsinidi – shu ham yetib ortardi. Yo‘q! Poshsho afsunchining bu o‘rgatma iloni bir marta nishini botirib olmasa bo‘ladimi? – Voy, bu nima qilganingiz, Sultonxon? Shunday yaxshi to‘ylar bo‘lyapti… Tili zo‘rg‘a-zo‘rg‘a kaldirab: – To‘ygacha… kelaman… – deya oldi Sultonxon. Umrinisabibining darchasidan hatlar-hatlamas ho‘ngurak otib yig‘lab yuborgan edi. U yerda ko‘p o‘tirmadi. Bir oz hasratlarini aytib, ko‘nglini bo‘shatgandan keyin, «kichkina mitti»dan foydalanish to‘g‘risida bir-ikkita maslahat ko‘rsatib, onasinikiga ketdi. Shu bo‘yicha to‘y kuni ham qaytib kelgani yo‘q. Yangi kelin kelgan kunning ertasiga – xuddi nonushta chog‘ida Umrinisabibi yetib bordi. O‘pkasi og‘ziga tiqilib, o‘lguday halloslab turib kutilmagan yutuqlardan gapirdi. Kichkina mittining katta ishlari, ayniqsa, deraza oldida tomosha bergan ikki xotinning o‘yinlari o‘lgan Sultonxonni tirgizdi. Uning behollik va uyqusizlikdan yumilgan ko‘zlarini qayta boshdan ochirdi. Umrinisabibining burishgan terili barmoqlarida yangi uzuklar yaltiradi! Ikkalasi bir-birini quchoqlab shirin-shirin nash’aga botdilar. – Yo‘q, xola, hali erta! Erta hali… – Nima demoqchisiz, aylanay? – Ma’rakani yig‘ishtirishga hali vaqt erta. – Nima qilaylik, aylanay? Meni u eshikka qadam bostirishmaydi. Qizim kirib yurib edi, haligi ikkala xotinning ishidan keyin o‘rtadagi eshikka qulf soldilar. – Yo‘q, xola! Yo‘l topiladi, topish kerak. – Xo‘p, aylanay, topamiz. – Topamiz!.. Topamiz… topamiz… topamiz… Aqli boshqa joyda bo‘lgani holda Sultonxon hadeb shu bir so‘zni takrorlardi. Birdan so‘rab qoldi: – Enaxon qayerda? Uni kirgizishadimi? – U hamma vaqt Zebixonning yonida. – Bo‘lmasa, o‘sha bilan gaplashing. Bugunoq gaplashing. Hozir borib gaplashing. – Hozir jo‘nayman bo‘lmasa. – Menga qarang! Ikki qo‘li bilan Umrinisabibining ikki yelkasiga yopishdi. Yuzini uning yuziga yaqin olib bordi. – Menga qarang, xolajon! Enaxon Zebiga do‘st. Chinakam do‘st. Mingboshiga xotin bo‘lishini hech xohlagan emas. Hali ham xohlamaydi. Qo‘rqmasdan ochiq gaplasha bering. Gapdan gap chiqadi. Gapdan maslahat chiqadi! Umrinisabibi kattakon belbog‘ini un-guruch bilan to‘lg‘azib, darrov yo‘lga chiqdi. Enaxonlarnikiga borib kirgan vaqtida, Enaxonlarning butun oilasi yoyilgan qopning tegrasida jugari uqalab o‘tirardilar. – Aylanay, Enaxon. Shoshilib turibman. Sizga ikki og‘iz gapim boridi. Ikkalasi birga hovliga o‘tdilar. Ariq bo‘yiga o‘tirishgan hamon Umrinisabibi gap boshladi: – Zebixonning ahvoli qalay, aylanay? Jindak gapirib bering. Hech narsa bilolmay, yuragimiz ezilib ketdi. Ko‘zimning qorachig‘iday yaxshi ko‘rardim. – Uni yaxshi ko‘rmagan kim bor, xolajon? Hamma yaxshi ko‘radi. Yaxshi ko‘rish boshqa ekan-u, tole boshqa ekan… – Nimasini aytasiz, aylanay? Yetti uxlab, bir tushiga kirmagan kunlarni ko‘rdi sho‘rlik… Biroz to‘xtaldi. Ro‘molchasini ariqqa solib ho‘llagach, yuzini bir qur artib oldi. – Kuyib ketdim, aylanay… Bir joyda o‘tirolmayman… Qizim Bahridan so‘rayman, bir og‘iz gapni eplab gapirolmaydi. Kecha kechasi o‘sha yerdaydi. Shaharga ham birga borib edi. Gap so‘rasam, xuddi tili yo‘q soqovday «i, i…» qiladi, xolos… Yuragim «qars» eta yorilgunday bo‘ldi. Shundan keyin bu yerga chopib keldim, aylanay. Sodda Enaxon bu yolg‘onlarning hammasiga astoydil ishonardi. – Zebixon endi picha durust, – dedi u. – Kecha kechasi kuyov kirishiga yaqin allakimdan bir yomon gap eshitib… U shoshilmasdan hamma bo‘lgan gaplarni aytib berdi. Bu gaplar hammasi Umrinisabibiga ma’lum bo‘lsa-da, eshitmagan odamday birushta «voy, to‘vva! Voy, o‘laqolay! Voy, sho‘rlik! Shunaqami?» deb turdi. – Endi hamma hayron, xolajon… Bugun kechasi nima bo‘larikin? Kuyov kirmay turib bu shunaqa qiladi. Kuyov kirganda nima bo‘lar ekan? – Shuni aytaman, aylanay! – Men hech chiqqim yo‘q o‘sha tomonga. Chiqmasak, oqibatdan emas. Bizni deb kelib tuzoqqa tushdi sho‘rlik. Menga shunday ko‘zlarini mo‘ltiratib qarasa, yuragim «jig‘g‘!» etib ketadi… – Rost, aylanay, rost… Hamma deganlaringiz rost… – Bu ishni qilgan kundosh o‘lgurlar endi o‘zlari ham hayron… – Yashshamagurlar… – Sultonxon bo‘lsa u yoqda jirtak chalyapti! – Yashshamagur… – Azayimxonlarga katta-katta sarf qilyapti, deydi… Otasi boy emasmi? Onasida ham bisot kattaymish… – Yashshamagurlar… – Bir o‘ylaganda, u bechorada ham ayb yo‘q. – Rost aytasiz, aylanay… – Ana u kundoshlarda ham ayb yo‘q. – Alvatta, aylanay… – Kundoshlik o‘zi bir balo. – Nimasini aytasiz, aylanay… Enaxon og‘ir bir uh tortib o‘rnidan turdi. – Jindak turib yana chiqib bormasam bo‘lmaydi. Yuragim bo‘lsa sira betlamaydi. Bu kecha nima qilamiz endi, bilmadim… – Nima qilardingiz? – dedi Umrinisabibi. – Dod-voyiga qaramasdan kuyoviga qo‘shasiz-da, aylanay! – Menga qolsa, bir umr qo‘shmas edim, – dedi Enaxon. Yana qaytib joyiga o‘tirdi. Umrinisabibiga bor-yo‘g‘i shu gap kerak edi. Darhol o‘rnidan turib ariqning u yuziga o‘tdi va Enaxonning yonginasiga o‘tirdi. Ustozidan olgan ta’limini eslab, ikki qo‘lini uning yelkasiga qo‘ydi va boshini o‘z boshiga tomon tortib turib, ko‘ziga mahkam tikilgan holda so‘radi: – Zebixonga chinakam do‘stmisiz? Yo‘q, aylanay! Xudoyimni o‘rtaga qo‘yib ayting: astoydil do‘stmisiz? – Gumoningiz ham bormi? Jonimni berishgacha borman! – Bo‘lmasa, mening gapimga kirib, Zebixonning qulog‘iga sekingina shipshitib qo‘ysangiz: har kun – yolg‘ondan bo‘lsa ham – bir soat, yarim soat o‘zidan ketib tursa… Umrinisabibi birdaniga ovozini pasaytirdi: – Bilasizmi, aylanay, bu kuyov shunday narsaki, har qanday xotin o‘zi xohlab borib bo‘yniga osilmasa… o‘zicha hech narsa qilolmaydi! O‘zi ham qarib darmoni ketib qolgan… Nimaga hadeb uylana berar ekan, hayronman. – Pul quturtiradi! – dedi Enaxon. – Rost aytasiz, aylanay, davlat quturtiradi! Umrinisabibi yana ovozini pichirlash darajasiga tushirdi: – Bilasizmi, aylanay, oqposhsho yetti qiron bilan urishayotgan emish… Hamma fuqarosi qirilib tamom bo‘lipti… Yurtida odam qolmapti. Bugun emas, ertaga mingboshilarning hammasini urushga olib ketarimish… – Og‘zingizga yog‘, xolajon! – Rost gap bu… Hakimjon aytipti… Mingboshining mirzasi emasmi? Til biladi u… gazit o‘qiydi… – Sizga kim aytdi? – Bir joydan eshitib keldim. Hakimjon borib yuradigan joydan. Siz, aylanay, Zebinisaga sal uchini chiqarib qo‘ysangiz bo‘ldi. U yog‘ini o‘zi eplaydi… eslik qiz… Mingboshi urushga ketdimi, hamma qutuladi uning dastidan. Yovlashgan qiron juda kattaymish… Indamasdan kelib o‘ldiradigan o‘qi borimish… Osmondan qanot taqib kelib urisharimish… Mingboshingiz o‘q tegmasdan turib yiqiladigan odam… «Urushga borasan», dedimi, tamom… yuragi yorilib o‘ladi! – Ilohim, aytganingiz kelsin! – dedi Enaxon. Shu paytda Xolmatning «ena!» deb chaqirgan ovozi eshitildi. Ikkala hamdard o‘rinlaridan turib ichkariga tomon yurdilar. Shunday qilib, o‘sha kechadan boshlab Zebining tutqalog‘i har kun – namozshom paytida muntazam tutadigan bo‘ldi. Kecha va kunduz — 10-bob Mingboshi ishning bu ravishga kirishini hech bir kutmagan edi. Boshqa hamma kishilarday u ham Zebining tutqaloqlarini «qizning nozi» deb bilar va tezda o‘tib ketishiga ishonardi. Shu uchun kunduzlarini juda besaranjomlik bilan o‘tkazib, kech kirganda entika-entika ichkaridan sevinchlik xabar kutardi. Besh kungacha har oqshom bir xilda sovuq xabar chiqib turdi: «kelinchakning tutqalog‘i tutib qoldi…» Bu besh kun ichida mingboshi, o‘z iqroricha, besh yillik zahmat tortgan edi… Mahkama ishlarini Hakimjonga tashlab qo‘ydi, zotan, to‘yga ikki kun qolganda yonidagi muhr ham Hakimjon kissasiga tushgandi. Miryoqub, bir joyda bir nafas o‘tirolmaydigan narsa, olti-yetti kundan beri mingboshining yonidan jilmaydi. Jahli chiqib to‘nini teskari kiymoqchi bo‘lgan mingboshini gap bilan sovutadi va yo‘lga soladi. – O‘zingiz aytasizki, – dedi Miryoqub, – sizga «gah» deganda qo‘lga qo‘nadigan tayyorgina qush bo‘lsa… Munaqa qo‘lga qo‘nmaydigan yovvoyi qushlarni ovlashga hunaringiz yo‘q ekan. Shunday bo‘lgandan keyin tishni tishga qo‘yib chidash kerak, xo‘jayin! – Chidab-chidab shu yerga keldim. – Obbo-o! Uch kun o‘tmay turib-a?! Shuncha bardoshsizlikmi? Yovvoyi qushni asta-sekin aldab-aldab o‘rgatadilar. Qo‘rqitsangiz, «pirr!» eta uchib ketadi. – Uchib keta qolsin! Shu topda «bor, ket!» degim bor. – Esingiz joyidami, xo‘jayin? Menga qarang… bu nima gap? «Ket» desangiz, jon deydi. Shamolday uchadi. Unga sizning «ket!» deganingiz yovvoyi qushga qafas darichasini ochganday gap. Kim armonda qoladi? Umi? Mingboshi o‘ylab qoldi. So‘ngra yuvoshlanib dedi: – Rost aytasan. Qariganda esning ham mazasi ketganga o‘xshaydi… Miryoqub bilan Xadichaxon shu besh kun orasida bir-birlaridan qochmaydigan darajaga keldilar. Xadichaxon uni kunda uch marta chaqirsa, bu uni besh marta chaqirardi. Pichir-pichir gap, pichir-pichir gap… maslahat! Tutqaloq besh kun batartib davom etganidan keyin, Miryoqub mingboshining juda yomon bezovta bo‘la boshlaganini payqadi. O‘zining ikki g‘ildirakli sariq fayto‘nini oldirdi. – Qani, yuring, xo‘jayin! – dedi. Mingboshining e’tirozi va bahonalariga qaramasdan, yetaklab olib borib fayto‘nga o‘tqizdi va, orqalarida yarog‘li ot qorovul, ertalab yo‘lga tushdilar. Shaharda mingboshini eng yaxshi va obod samovarga tushirdi. – Boplab nonushta qiling, xo‘jayin, choy iching. Tomosha qilib turing. Men tezda kelaman! – dedi. Yana fayto‘nga o‘tirib ketdi. Mingboshi qaymoqlar va shirmon nonlar bilan nonushta qilarkan, shaharga nima uchun kelganini bilolmasdan boshi aylanardi. O‘yladi, o‘yladi, oxirda «Bir qaltis ish chiqib qoganga o‘xshaydi. Bo‘lmasa, buncha shoshilish kelmas edik. Bu Miryoqub bir ishni o‘ylamasdan qilmaydi» degan qarorga keldi. So‘ngra yana o‘ylashda davom etdi. «Shu qironlarning bir-biri bilan urushgani yomon bo‘ldi… «Ko‘p odam qirildi» deydi noyib to‘ra. Mening mirzam Sokolov ham daraksiz ketdi. Uch oydan beri daragi yo‘q. Yurt ham samovarday ichidangina asta-asta qaynab yotibdi. Bir toshadi bu! Yomon toshadi lekin. Odamlarning yuziga qarasam, o‘ris-musulmon hammasining ko‘zi bejo… «yutaman!» deydi. Qimmatchilik borgan sari avj olyapti. Shunday oqposhshoning xazinasi qoqlanib qoldimikin? Oqposhsho mening gapimga kirsa, yurt bersa berardiki, tezroq yarash qilib odamlarni tinchitardi. Allaqaylardagi yurtlarni deb o‘z boshini qazoga tutadimi kishi…» Bu o‘ylar mingboshining miyasiga birinchi marta kelayotgan o‘ylar edi. U bunaqa narsalarni o‘ylab o‘rgangan odam emas. Faqat yurt orasida har xil gaplar yuradi. «Hamma amaldorlarni, shu qatorda mingboshilarni ham urushga jo‘natarmish» deydilar. «Hamma yurtni poyezdga solib Girmonga qarshi haydarmish» degan gaplar eshitiladi. Bu gaplar mingboshiga ta’sirsiz qolmaydi. Mingboshi ham «zamona oxir» bo‘lishiga ishonadi emasmi? «Zamona, chinakam oxirga yetgan bo‘lsa kerak» deb o‘ylaydi; «yo‘l ochiq bo‘lsa, hajga ketardim» deb qo‘yadi. Yana orqasidan «yo‘l ochiq vaqtida qayda edim? Tavfiqni ham juda kechikib berayotir xudovandi karim…» deydi o‘z-o‘ziga. O‘ylanib o‘tirib ustunga suyanganicha uxlab qoldi. Ko‘zini ochgan vaqtida, Miryoqub tepasiga kelib, «qani, yuring, xo‘jayin!» deb turardi. Bu safar Miryoqubning o‘z fayto‘ni emas, kirakash izvosh bilan yangi shahar qismida – bir qavatli eskiroq binoning shiyponli zinasi oldida to‘xtadilar. Mingboshi xursand bo‘lib kuldi, bu joy unga tanish edi. – Qani, yuring, xo‘jayin! – Qishloqda aytsang bo‘lmasmidi? Xuddi zinasining tagiga olib kelguncha hech narsa demaysan. – Men sizni yomon yo‘lga boshlaymanmi, xo‘jayin? – dedi Miryoqub va kuldi. Mingboshi ham ma’lum kulishi bilan kulib, eski gapini takror qildi: – Obbo, betavfiq-e! Shaharning buzuqlik ila nom chiqargan mashhur nomerlaridan biri edi. Bu nomerga keladigan kishilar faqat aysh-u ishrat uchungina to‘xtalardilar. Shu uchun u bir xonali ayrim uylardan iborat bo‘lib, yarim qorong‘i uychalarda bir kart, ikki-uch eski kursi, bir ovqat stoli va bir javonchadan boshqa hech narsa bo‘lmasdi. Odamning hayvonlik hirslari avj olgan vaqtda har narsadan go‘zal ko‘rinadigan bu xonalarga u hirslardan ozoda bo‘lib kirgan odamni daf’atan belgisiz bir qo‘rquv hissi bosardi. U xil hirslardan ozod bo‘lish bilan ko‘pda maqtanolmaydigan bizning mingboshiday odam ham burun bir necha marta kelgan vaqtida, kutilgan xotinlar kirguncha deraza oldiga borib iflos va quruq sahnning xunuk manzarasiga tikilar va shu yerdan tezroq chiqib ketgisi kelardi. Bu daf’a mingboshi xona ichiga kirganidan keyin o‘z ko‘zlariga ishonolmadi. Xonalar yaxshilab tozalangan, devollarga har xil gullarning va yalang‘och xotinlarning suratlari osilgan, devolda likkagini o‘ynatib katta bir soat chiqillamoqda, kunduz bo‘lishiga qaramasdan xulyo rangli qalpoq ostida yorug‘ fonarlar yonib turadi. Qatorasiga ikki xona, ikkovini bir-biriga ulaydigan eshiklar katta ochiq… Birinchi uy ikkinchidan kengroq, unda katta bir stol, oppoq dasturxon yopilgan, usti to‘la har xil ovqat, shirinlik va ichkiliklar… Ovqatlar o‘rtasida yasama gullar… Yerda chiroylik bir gilam. Kursilar – yangi va toza. Bir chekada oynali, kattakon kiyim javoni, uning ketida oppoq choyshabli va qo‘sh parquv bolishli kart… Kart oldida – yerda poyandoz gilamcha. Narigi uyda oppoq choyshabli bitta kart, qo‘sh parquv bolish, bitta javoncha – boshqa narsa yo‘q. Faqat, bunda ham kart oldida poyandoz gilamcha… Har uyning fonari boshqa rang bersa ham, ranglar hammasi odamning hirsini qitiqlaydigan allaqanday sirli va g‘alati… Devoldagi yalang‘och xotinning oppoq va tekis tanlari tepchinib turganday, xuddi joni borday jozib… Kulimsiragan ko‘zlari, yuqoriga tomon bir oz kerila tushgan qilday ingichka qoshlari… havas va o‘ynashning choparlari! Ko‘kraklari olmaday kichkina va tarang… Mingboshi kirgan hamon xursandligini ochiq bildirib kuldi va Miryoqubning yelkasiga qoqib turib dedi: – O‘lma, betavfiq! Boplabsan! – Kamarni yeching, xo‘jayin, – dedi Miryoqub, – ikkala uy sizniki. Hech narsani o‘ylamang. Yeng, iching, kayf qiling. Sassiq so‘fining nozli qizi axir bir kun shaytonlashlardan charchaydi. Qachon bo‘lsa ham u sizniki! Uni o‘ylamang sira, undan qolishmaydiganlar bor bu yerda. Shu yerda mingboshi, shodligidan bo‘lsamikin, ochilmoqchi va ko‘nglidagi bir sirni Miryoqubga ochmoqchi bo‘ldi: – Bilasanmi, Miryoqub? Men u qizga qiz deb, xotin deb talabgor bo‘lsam ekan… Miryoqub ko‘zlarini keng ochdi va mingboshining yoniga kelib o‘tirdi. – Nima deysiz, xo‘jayin? Nima, nima? «Eski og‘izdan yangi so‘z?» – O‘zim ham hayronman. Ashullasini eshitsam bo‘ldi, deyman o‘z ko‘nglimda. Ashullasiga, ovoziga ishqim bor, unaqa itlik yo‘q… – Obbo! Itlik yo‘q! Sizda-ya? E to‘vba… – Non ursin agar… Miryoqub irg‘ib o‘rnidan turdi: – Bo‘pti bo‘lmasa! – dedi u.– Itlikni shu yerda qoldirib, uning yoniga odam bo‘lib qaytasiz. Unda qiz sizniki! Bo‘ldi, xo‘jayin! Mana bu yer har qancha itlik qilsangiz ko‘taradi… Shu topda o‘zining negadir «odamlasha boshlagani» to‘g‘risida o‘ylab ketib Miryoqubning so‘ng so‘zlarini eshitmagan bo‘lsa, mingboshini ayblash kerak emas. Bu qabih odam so‘ng vaqtlarda o‘zining o‘zi ekaniga ham uncha ishonib yetolmaydi. – Men bir aylanib kelaman, xo‘jayin. – Qayerga bormoqchisan? – So‘ramang, xo‘jayin. Siz ayshingizga qarang. Hamma itlikni shu yerga ko‘mish kerak-a! Bilasizmi? Kerak bo‘lsa, o‘zingiz bilasiz, mana tugma, shuni bosiladi. U yoqdan odam kirganda, tortinmay buyura bering, hamma narsa bor… Chiqa boshladi. So‘ngra eshik oldidan yana orqasiga qaytdi. – Xo‘jayin, – dedi unga tomon egilib. – Hammasiga bir stakandan quyib berasiz. Undan keyin bittasini tanlab yoningizga olasiz. Boshqalari chiqib ketadi… Tartib shu! – Bittasiga ko‘zim to‘ymasa-chi? – U yog‘ini o‘zingiz bilasiz. Itlik ham toza joyida ekan, xo‘jayin! U yerdan chiqib, Miryoqub nomer egasining o‘z uyiga kirdi. Xo‘jayin o‘n bitta xotinni uning oldidan yasov tortdirib to‘rt martadan o‘tkazdi. Qiziq: Miryoqub birinchi safarda ularning yuzlariga qaradi. Ikkinchi, uchinchi va to‘rtinchi safarda faqat yurishlariga nazar soldi. So‘ngra yettinchisini ko‘rsatib turib dedi: – Mening nomerimga yubor. Men kelguncha jilmasdan o‘tirsin. Birovga ko‘rsatma! Ha! Vanna bor-a? Vannaga tushirtir. Qolganlari narigi nomerga kirib, bizning xo‘jayinga ko‘rinib chiqsinlar. Miryoqubning haligi ikki xonali uydan boshqa, o‘ziga xos alohida bir xonasi bor edi. Uning ichki ziynati oldida narigi ikki xonali uy ip esholmasa, bunga taajjub qilib bo‘lmaydi. Chunki Miryoqub – Miryoqub, mingboshi esa – bir Akbarali, xolos… Akbarali degan bir odamning yonida hukumat muhridan, zotida past bir itlikdan boshqa narsasi yo‘q. Miryoqubning kattakon miyasi, o‘tkir aqli bor! Mingboshi o‘ylaydiki, Miryoqub uning quyrug‘i… Miryoqub ishonadiki, mingboshi – tuya, burniga ip o‘tkazilgan, ipning uchi – sarbonda, ya’ni tuyachida, sarbonning nomini Miryoqub qo‘yganlar… Ana, Akbarali degan odam mingboshi bo‘la turib arzimas xotinlar orasida itlik rolini o‘ynab yotadi. Shu topda yurt kuysa ishi yo‘q, parvoyi falagiga! Miryoqub degan kishi – mingboshi ham emas, savdogar ham emas, dehqon ham emas, shunday bekorchi bir odam – o‘n bittaning eng a’losini tanlab qo‘yib, o‘zi mingboshilikning ishlari, ya’ni yurt qayg‘usi bilan – piyoda halloslab! – noyib to‘ranikiga ketib boradi. Miryoqubga ma’qul bo‘lmagan o‘nta xotin kirib mingboshining tegrasini o‘raydi… Mingboshi odam shaklidagi it bo‘lgani uchun birdan hammasiga chang soladi, hammasini birdan changallari orasiga olmoqchi bo‘ladi, quturib terisiga sig‘magan sherday hammasini baravar parchalamoq istaydi… Nihoyat, mastlik bilan va ham – o‘taketgan hayvonlardagina bo‘ladigan olchoq, ochko‘z, mechkay va yamlovchi his bilan! – ko‘zi ko‘r bo‘lib, hushyor vaqtda qarasang ko‘ngil aynaydigan bittasini ilintiradi-da, o‘zi iflos, changalidagi ovi iflos, ikki iflos bir-biriga suykanib, tagsiz botqoq ichiga botib ketishadi! Mastlikda xotin tanlab bo‘ladimi? Mastning ko‘ziga mushuk – fil, fil – mushuk bo‘lib ko‘rinadi… Kampirni pari qiz qilib ko‘rsatadigan tilsimli oyna ichkilikdan boshqa narsa emas! Miryoqub – it emas, odam! U yosh bir xotin bazzoz do‘konidan o‘ziga toza ko‘ylaklik tanlaganday qilib tanladi. Yettinchisi chakki emas… yuzining tozaligi birinchi qarashdayoq barq urib turadi. Miryoqubning o‘sha tanlash chog‘ida elektrikni o‘chirtirib qo‘yishi va namoyishni deraza yoniga keltirishi hikmatdan xoli emas. Buni – belida kumush kamari borlargina tushunolmasa mumkin! Nomer egasi Miryoqubni yaxshi taniydi, uning juda mushkilpisand gumashta, injiq xaridor, zavqi qayralgan shinavanda ekanini yaxshi biladi. Shu uchun yettinchisining tanlanganini ko‘rib oshnasi Miryoqubning yelkasiga qoqdi va «O‘lma, Miryoqub! Sart bolasi fransuz…» deb qo‘ydi. Chunki o‘n bir xotin orasida yettinchisi bo‘lib qo‘lga kirgan Mariya Ostrova hali yosh… Yaqindagina yaxshi va najib bir oilaning erka qizi bo‘lgan… Xo‘jayinning aytishicha, bir xiyonat uni bu ko‘ylarga keltirgan… Xo‘jayin ham uni ko‘z qorasiday saqlaydi… Miryoqubga ko‘rsatdi, boshqa ancha-muncha odamga ko‘rsatmaydi… Xotin o‘zi ham odam tanlaydi… Yo‘q, odam emas, pul tanlaydi! Unga bir yarim ming so‘m pul kerak, shuni topadi, so‘ngra yiroq bir mamlakatga ketadi. U yerda turmushini boshqa asoslarda quradi. Gunohlariga achchiq-achchiq yig‘laydi. Hozir mo‘ljallangan summaning yarmidan ko‘pi bor. Uch kishi bilan «ko‘rishib» sakkiz yuz so‘m to‘pladi. Biror hafta-o‘n kundan so‘ng mo‘ljallangan summa qo‘lga kirajak va yosh xotin yangi turmushga qarab yo‘l solajak! – Ana, oshnang vannaga ketayotir! – dedi xo‘jayin ayvondan o‘tayotgan yosh xotinni ko‘rsatib. – Bitta yaxshi oqsochni tayin qil, yuvintirsin. – Xotirjam bo‘l, Miryoqub, uning o‘z xizmatchisi bor. – Men sendan xafaman… – Yo‘g‘-e! – Xafaman… – Rost aytasanmi, Miryoqub? – Rost… – Sababi? – O‘zing bilasanki, bunaqa xotinga pul ayamayman. – Bilaman. – Bilsang, nega boshqa xotinlarga qo‘shib ko‘rsatding? Hatto ularning o‘rtasiga qo‘yibsan… Xo‘jayin xoxolab kuldi: – Zavqingni sinamoqchi edim, jinni! – dedi. – O‘zim bilardimki, o‘shani tanlaysan! Miryoqubning menlik hissi qongan edi. Kuldi. – Sakkiz yuz so‘m ishladi degin? – Sakkiz yuz so‘m! – Sen qancha ishlading? – Men bir oz ortiqroq… Miryoqubning miyasiga bir fikr kelgan edi. Bir nafas to‘xtab o‘yladi va darhol qarorini berdi. – Chakki emas… U bir yarim ming so‘m ishlaganda, sen ikki mingga yetkizmakchisan. Insof ham kerak! – Insof keraku-ya. Lekin, munaqa fursatlar kam uchraydi. Bizning kasbimiz – shu, fursatni qo‘ldan chiqarish o‘z kasbiga xiyonat qilish demak… – Mendan qancha olasan? – Sendan yuz ellik so‘m, xolos! – Unga qanchasini berasan? Ellik so‘minimi? – Yo‘q! Unga o‘zing bilib berasan. Miryoqub o‘rnidan turdi. Do‘stining yelkasiga qoqdi. – Shaytonsan, do‘stim, shayton! Yetti do‘zaxga kunda bo‘ladigansan!.. – dedi va tez-tez qadam qo‘yib ko‘chaga chiqdi… Noyib to‘ra Miryoqubdan uzr so‘radi. – Meni hokim to‘ra chaqirayotir. Hozir bormasam bo‘lmaydi. Kechroq uyga kelsang yaxshi bo‘lardi. – Xo‘p bo‘ladi. Ortiqcha ishim ham yo‘q. Qog‘oz-mog‘oz bo‘lsa ola ketay deb edim. Undan keyin, sizga bir narsa topib keldim. Yonidan gazetga o‘ralgan bir narsa oldi. – Juda yaxshi, juda soz! – dedi to‘ra. – Uyda berarsan. Akbarali qayerda? Miryoqub haligi narsani yana qaytib qo‘yniga solarkan javob qildi: – Shu yerda. – Shaharda? – Ha, shaharda. Telefon jiringladi. Noyib telefon qulog‘ini oldi: – Men, menman, Aleksandr Vasilyevich. Hozir boraman… hozir… Telefon qulog‘ini yana joyiga qo‘ydi. – Shaharda degin? Nima qilib yuribdi? – Gap ko‘p, to‘ra. – Yaxshi, uni ham uyda aytib berarsan. Xayr, hozircha. Eshikni ochib sarkotibni chaqirdi: – Ignatyuk! Akbaraliga tegishli qog‘ozlar bo‘lsa berib yubor! Noyib shoshilib chiqib fayto‘nga o‘tirdi. Miryoqub qog‘ozlarni olgandan so‘ng bitta-bitta bosib hammomga ketdi. Yuvinib, soqol-mo‘ylovlarini «fason» qilib oldirib, nomerga qaytgan vaqtida, mingboshi ichkari uyda o‘zi yolg‘iz uxlab yotardi. Stol usti, yerlar egasi ko‘chgan uydan nishon berardi. Uyning havosi ham buzila tushgan… U yerdan chiqib nomer xo‘jayiniga uchradi. – Mingboshiga ovqat berildimi? – Haligacha berilgani yo‘q. – Xayr, mayli. O‘zi uyg‘onib so‘rasa berarsiz. Ammo uyni yig‘ishtirmasang bo‘lmaydi. Odam buyur! U o‘z xonasining eshigini sekingina ochib kirgan vaqtida yosh juvon kiyimlarini yechgan, kartda uxlab yotardi. Boshi yostiqdan tushgan, sochlari tarqalgan… Miryoqub yana sekingina qaytib chiqib xo‘jayining yoniga kirdi. – Borib uyg‘ot, do‘stim. Turib, yuvinib, kiyimlarini kiysin. Men u bilan to‘ppa-to‘g‘ri kartda uchrashmoqchi emasman… – Senga nima bo‘ldi, Miryoqub? – dedi xo‘jayin, kuldi. – Menga hech narsa bo‘lgani yo‘q. Mening odatim shu… men oshnachilikni kartdan boshlamayman… Xo‘jayin kula-kula chiqdi. Xotinning bezanishi bir soatga yaqin cho‘zildi. Bu orada Miryoqub bardosh qilib o‘tirsa ham, xo‘jayin tajanglanib besh-o‘n marta borib keldi. Nihoyat, Miryoqub o‘z xonasining eshigini ikkinchi marta ochib kirdi. Yosh juvon harir va chiroylik kiyimlari bilan yuvinib-taranib uyning o‘rtasida turardi. Elektrikning bilinar-bilinmas qaltirovchi o‘tkir yorug‘ida uning oq yuzlari, ayniqsa, porloq ko‘rinardi. Miryoqub kirgan hamon salom qildi va xuddi eski bir oshnasi bilan ko‘rishayotganday kulib turib ko‘rishdi. Xotinning qo‘l berishida shu xil xotinlarda bo‘ladigan bir loqaydlik boridi. Sovuq qo‘l sovuqlik bilan uzaladi: «Ha, eski tanimning yangi xaridori» deganday… Miryoqubning odatda hamma qo‘lni mahkam siqib ko‘rishadigan qo‘llari bu kichkinagina, oppoq va yumshoq qo‘llarni ham kuch boricha siqdilar. Faqat, bu qisishlar ham olovsiz va haroratsiz edilar: «Ha, chuqur cho‘ntagimning ochko‘z mehmoni!» deganday… Butun bu ko‘rishuvlar, qo‘l siqishuvlar va ko‘z tutuvlarda, shuningdek, bu ko‘rishuvni o‘rab turgan sharoitda ma’ni degan narsa topilmasdi. Bu ikkala «savdogar»dan bir ma’ni izlash, ayniqsa shu topda, behuda urinish bo‘ladi. Faqat ikkalasining ikki juft ko‘zi bundan mustasno… Xotinning qovoqlariga og‘ir bir alam va iztirobning ko‘lagasi tushgani holda, yoshlik va juvonlikning kuchi bilan berishmay, bo‘sh kelmay turgan yoz osmoni kabi tiniq va toza moviy ko‘zlarida kuchli bir savol alomati boridi: «boshqalarga o‘xshamagan xaridor, kimsan va nima qilmoqchisan?» deganday… Miryoqubning har qanday xotinni loqaydlik holatidan chiqara oladigan qop-qora va dumaloq ko‘zlariga esa bir andisha va o‘ylanish hokim edi: «tili ko‘nglidan judo bo‘lgan maxluq, nega sen bu yerdasan?» deganday… Miryoqub fonarni o‘chirib uning qarshisiga kelganda va ikkalasi bir-biriga havoning tabiiy yorug‘ida indamasdangina bir-ikki minut tikilishganda, ikkala tomon ham bir-birining ko‘zida haligi ma’nini ravshan ko‘rdi va o‘qidi. Miryoqub hali boya nomer egasining uyida bergan qarorini quvvatlash uchun xotinning moviy ko‘zlaridan quvvatli dalillar topgan edi. Xotin esa hozirga qadar qilgan ishlari va muomalalari bilan o‘zga «xaridorlar»ga ko‘p-da o‘xshamagan bu Osiyo odamining, o‘z aqidasicha, ayyor ko‘zlarida oddiy «xaridorlik» doirasidan chetgaroq chiqadigan alomatlarni mushohada etardi: «Bu odam ham, – deb o‘yladi xotin, – boshqalar kabi cho‘ntagining kuchi bilan meni olayotir… Bu ham boshqalar kabi yosh gulbundan bir gulni sotib olib, darhol uzajak, uzgan hamon yana o‘sha gulbunning oyoqlari ostiga – chang va tuproqqa! – tashlayajak, so‘ngra sovuq qo‘lini uzatib loqayd xayrlashajak, balki xayrlashib ham o‘tirmasdan, burilib ketajak. Bir umr uchrashmaslik uchun ketajak!.. Chunonchi… Lodzili voyajor kabi…» Shundan so‘ng, bir onda o‘tgan haftadagi uchrashuvni ko‘z oldidan kechirib oldi. Shu nomerning shu xo‘jayini kechasi soat ikkilarda buning eshigini chertib ochtirdi. Bu yechinib yotgan edi. «Turing, Mariya Stepanovna, – dedi, – uchinchi nomerga kiring. Tez! Aytgan summangizni tez to‘latadigan bir olijanob kishi bor. Sizni kutib yotibdi!» «Xo‘p, hozir kiyinib-taranib boraman». «Yo‘q, – dedi xo‘jayin, – yo‘q! Ayvonda hech kim yo‘q. Choyshabni yopinib o‘ta bering. Kiyimsiz ham go‘zalsiz!» Kuldi va hayron bo‘lib turgan xotinning yelkasiga kartdagi choyshabni tashladi-da, quchoqlab ayvonga olib chiqdi. Yangi «kasb»ning munaqa dag‘al talablariga o‘rganmagan yosh juvon o‘shanda butun tanining dir-dir qaltirab borganini sezdi. Uning yosh va tarovatli tanidan, hali sofligini saqlagan, yeyilmagan ruhidan norozilik faryodlari yuksalardi. «Ushidingizmi?» – dedi xo‘jayin mahkamroq quchoqlab! «Yo‘q, – dedi yosh juvon lablari titragan holda. – Ko‘nglim ayniydi! Bu qadar olchoqlik!..» Xo‘jayin darrov to‘xtadi, ayvon ustunidagi xira chiroqning shu’lasida yosh juvonning ko‘ziga tikildi. «Olchoqlik? – deb takror qildi xo‘jayin. – Mehnatsiz, oson pul topmoqchi bo‘lganlar menlik hislarini o‘z oyoqlari bilan tepkilashga majburlar… Dunyoning ustuni – pul, pul topish – qiyin! Oson pul topish olchoqlik bo‘lsa, mardikorlik qilishga nafsingiz ko‘nadimi? Ana, ko‘chada Tursunboy degan sart qorovul bor, hali ham ko‘cha supurib yuradi. Olti so‘m oylik oladi… O‘shaning ishini qilishga o‘zingizni ko‘ndira olasizmi? Xursand! Vaqti chog‘! Qachon ko‘rsangiz ashulla aytadi. Mening oqsoch xotinlarim bilan o‘ynashadi. Topganini o‘shalarga sarf qiladi. O‘zi doim och…» Yosh juvon boshini quyi egib, yuzini chapga burgan va borgan sari qaltirashi kuchaygan lablarini o‘tkir va oppoq tishlari o‘rtasida qisardi… «Behuda gaplarni tashlang! Yarim soatdan so‘ng qo‘lingizda bankning ko‘p summali cheki bo‘ladi. O‘shani so‘rib-so‘rib o‘pingiz (orqa tomonini o‘ping, yo‘qsa, nomeri o‘chib ketmog‘i mumkin)! Ona – bolasini, oshiq – ma’shuqini, bulbul – gulni, badaviy – tevasini, sarlashkar – qilichini o‘pganday o‘pingiz! Negakim, hamma gap – o‘sha chekda, chek – bankda, banka – pulning markazi, pul, agar haqiqatga tobingiz bo‘lsa – «olloh! Qoziy alhojat!..» Eshikni ochib, bu yosh xotinni – hatto bir daraja qo‘pollik bilan! – uchinchi nomerga kiritib yuborib, xo‘jayin eshikni astagina yopdi-da, «shunaqa xotinlarni qashqarlik mardikorlar bilan birga g‘o‘za chopig‘iga yuborsang, ayni saraton issig‘ida!» deb g‘udurandi… Bu xotin shu topda faqat bir narsaga muhtoj edi – isinish! Yozning dim va iliq kechasida paydo bo‘lgan bu g‘ayritabiiy titramani to‘xtatish! Bu – bir. Ikkinchidan, – uhdaga tushgan «vazifani» naridan beri bajarish… Bu yerda «vazifa»ning go‘zalligi, muloyimligi va yoqimliligini surishtirib turadilarmi? Bu yerning qonuni qattiq, unga e’tiroz qiladigan, gap qaytaradigan kishilarni u o‘z doirasiga olmaydi. «Kirdingmi, bo‘yunsun!» deydi va o‘zicha u ham – haqli! Ko‘ngilni g‘ash bosadigan kichkina va yalang‘och xonaning fonari o‘chirilgan, hech narsa ko‘rinmaydi. «Qanday yaxshi! Kechaning bitta fazilati, qorong‘ilikning bir yaxshiligi – shu!» Ayvondagi xira fonardan bir siqimgina xira shu’la tushib, eski va bo‘yog‘i o‘chgan kartni, kart yonidagi kursini, kursi ustidagi bosma ayilli shimni, kursi oyog‘idagi bir juft rangi belgisiz yarim botinkani zo‘rg‘a-zo‘rg‘a yoritardi. Eshik ochilishi bilan kartda yalang‘och yotgan erkak boshini ko‘tardi, bir qimirladi: yonidan joy bo‘shatgan bo‘lsa kerak… Yosh xotin kartni ko‘rgan hamon hech o‘ylab turmasdan choyshabni yerga irg‘itib yot erkakning begona qo‘yniga kirdi. – Buncha sovuqsiz! – dedi erkak xirqiroq ovoz bilan. – Xuddi muz! Xotin indamadi. U hali ham lablarini tishlardi… Tong otib, uy ichi yorishganda, xotin o‘rnidan turdi va darrov choyshabni yopinib orqasiga qayrildi-da, usti ochilib yotgan erkakka ko‘z tashladi: tarvuz singari yum-yumaloq, semiz qorni solinib tushgan, ikki beti sergo‘sht-bo‘rtma, kichkina va ma’nosiz ko‘zlarga ega bir maxluq! Pishillab nafas oladi, xurrak tortib uxlaydi! Ana, u ham uyg‘ondi, joyidan turmasdan boshini bir oz ko‘tardi. Kuldi. Buncha xunuk kuladi! Ikkita tilla tishi o‘chayotgan cho‘qqa o‘xshaydi. Juda siyrak bo‘lgan sochlari chala o‘rilgan ekinzor kabi… «Nechik men butun bir kechani shu bilan o‘tkaza oldim?..» deydi xotin o‘z-o‘ziga, yana lablarini tishlaydi. – Beriroq kel-chi! – dedi erkak. Xotin qon chiqar darajada shiddat bilan lablarini tishlagani holda, o‘ylab o‘tirmasdan, qo‘mondaga itoat qilgan soldatday kartga yaqin bordi. – Egil bir oz! Xotin egildi. – Chakki emas! – dedi erkak, xursand bo‘lib kuldi. So‘ngra qo‘li bilan deraza tokchasiga ishorat qilib: – Ana chek! – dedi. Yana boshini yostiqqa qo‘ydi. Xotin tezgina chekni olib, xayrlashmasdanoq uydan chiqdi. O‘z uyiga kelganidan so‘ng darhol oynaga qaradi, o‘z aftidan qo‘rqib ketdimi, bilmadim – o‘zini kartga tashlab, ho‘ngur-ho‘ngur yig‘lashga tushdi… Uch yuz so‘mlik chek qo‘lidan tushib allaqaylarda to‘ntarilib yotardi… Shu uchun Miryoqubga boshqa «xaridorlar» kabi qarayolmasligini bu yosh xotin o‘zi ham bildi. «Bu, hech bo‘lmasa, olgan molini qadrlay oladigan savdogar muomilasini qildi-ku, – deb o‘yladi u. – Xotin kishiga nozik tarbiyali bir fransuz kabi yaqinlasha bildi-ku! Koshki hamma xaridor shunday bo‘lsa!» Bu xotin o‘zicha haqli, albatta. Qullarini urmasdan, yaxshi gapirib ishlatadigan, urganlar kunda o‘n besh soat ishlatsa, yaxshi gapirib kunda yigirma soat ishlatadigan xo‘jalar ham bo‘ladi-ku… – O‘tir! – dedi Miryoqub sensirab. Fonarni yana yoqdi. Stolning past tomoniga o‘zi o‘tirib, to‘ri tomonidan unga joy ko‘rsatdi. O‘tirdilar. Xotin o‘z «vazifa»sini yaxshi bilganligidan shu topda gap emas, «ish» kutardi va bu tahqirlanishning sababini anglayolmasdi… «Har qanday original tip bo‘lsa ham, maqsadi belgili. Bu joyda o‘zga maqsad bo‘lishi mumkin emas!» deb o‘ylardi u. Miryoqub bo‘lsa nima deyishga hayron bo‘lib boshi qotib o‘tirardi. Bu odam xalq orasida zakunchi hisoblangani bilan rus tilini maqsad anglatarlik bilmaydi. Qarshisida – Osiyo bilan yaqinda tanishgan bir nozik rus xotin, Osiyo bilan yaxshi tanishganda ham sart tilini o‘rganishga tanazzul qiladimi? Zohirda bu narsaga dalolat qiladigan hech bir asar yo‘q! «Bu xotin men bilan fransuzcha gaplashsa gaplashadiki, sartcha bir so‘z ham bilmaydi» dedi o‘z-o‘ziga Miryoqub… Holbuki, aytadigan ancha so‘zlar, so‘raydigan ancha gaplari bor. Bu xotinga boshqa shu xil xotinlarga qaragan singari qarayolmasligiga uning o‘zi ham endi ishonib qolgan. Boshida boshqacha planlar aylanadi… Nihoyat, shirin maydan bir qadahchaga to‘ldirib uning oldiga qo‘ydi. O‘ziga yarim qadah aroq quydi. – Ich! – dedi Miryoqub yana sensirashida davom etib. Birinchi marta sensiraganida negadir qunt qilmagan xotin bu safar hayrat aralash ranjib qo‘ydi. «Bu osiyoli ham «sen» bilan boshladi», dedi o‘z-o‘ziga. Cho‘qishtirib ichdilar. Miryoqub endi bir ish qilib maqsadini anglatishga bel bog‘ladi. Ruschaga sira o‘xshamagan bir til bilan, ko‘proq qo‘llariga va yuz-ko‘zlariga zo‘r berib, maqsadini anglatishga kirishdi. Xotin qotib-qotib kular, yuzlari cho‘g‘day yonib qizarar, Miryoqubning qistovi bilan shirin maydan bir oz-bir oz ho‘plab qo‘yib, so‘z tinglardi. So‘zlar boshda Miryoqubning g‘alati savollaridan iborat bo‘ldi: – Qachon jo‘naysan? – dedi u. Bu birinchi aytilgan so‘z edi. Xotin anglamadi. Boshini chayqadi. So‘ngra Miryoqub qo‘l ishoratlari bilan birga haligi so‘zni yana takror qildi. – Qay yerga? – dedi xotin. – Men bilmayman. O‘zing bilasan. Bu narsa xotinni butunlay gangiratib qo‘ydi. «Nima demoqchi bu sevimli aziat?» Miryoqub maqsadini anglatolmasdan savolni boshqacha qilib berdi: – Bir yarim mingga yetdimi? Yo hali ham sakkiz yuzmi? Xotin tushundi, u shoshib qoldi. «Nimalar deydi bu g‘alati aziat? Menga bir yarim ming so‘m pul kerakligini, hozir faqat sakkiz yuz so‘m yig‘ilganini qaydan biladi? Muammo, muammo!..» Bora-bora kerakli so‘zlar osonroq topiladigan, boshqacharoq so‘zlar bilan aytilgan mavhumlar ham ikki tomonga anglashiladigan, qo‘l va yuz-ko‘z harakatlari ko‘zga tanish ko‘rinadigan bo‘lib qoldi. Xotinning yoqimli, jaranglab chiqadigan quvnoq ovozi Miryoqubning tanlariga igna botganday botar, lekin nihoyat darajada kayfini keltirardi. Miryoqub nomer xo‘jayinining uyida bergan qarorini mustahkamladi, ya’ni bu juvonni o‘zi bilan birga bir-ikki oy o‘ynatib kelish uchun Qrimga olib ketadigan bo‘ldi. Qrimdan so‘ng qo‘liga ikki ming so‘m pul beradi va mumkin bo‘lsa, Petrogradgacha olib borib qo‘yadi. Undan nari bu xotin haligi pulning kuchi bilan Germaniyaga (dushman mamlakatiga!) qochadi va unda badavlat akasiga qovushadi. Bu sirlarni u Miryoqubga «ko‘nglining yaqinligidan» aytdi va «sirlarning ochilishi uning halokatiga sabab bo‘lishini» ham qayd qilib o‘tdi. Miryoqub deraza tokchasidan eski bir kulgi jurnalni olib, undan tuya suratini topdi va «Tuya ko‘rdingmi? Yo‘q!» degan chuchmal maqolni anglatmoqchi bo‘ldi, shekilli: – Ko‘rdingmi? Yo‘q! – dedi xotinga. Bu so‘z ruscha «Videl? Net!» shaklida chiqqanligidan xotin: – Ko‘rganman (videla)! – deb javob berdi. Xotin uning jon kuydirib gapirgan gapini anglamagan edi, Miryoqub qizidi, barmog‘i bilan tuya suratini bir necha marta turtib, yana o‘sha savolni takrorladi. Xotin bu daf’a: – Ha, ha, ko‘rib turibman (viju), ko‘rib turibman! – deb javob berdi. Miryoqub tajang bo‘lib o‘rnidan turdi, tezgina xotinning yoniga o‘tib, tuya suratini yana qattiqroq turtib ko‘rsatdi, barmog‘ini og‘ziga qo‘ydi, biroz shu ko‘yicha jim qolgach, yana o‘sha savolni takrorladi. Xotin Miryoqubning shu qadar zo‘r berishlari ila maqolning mazmunini anglayolmasa-da, uning nima demoqchi bo‘lganini anglagan edi: «Ayyor, lekin, bu aziat! – deb o‘yladi u. – Demak, sirni hech kimga aytmaydi. Tuya kabi doim jim qoladi». Shu uchun o‘tirgan joyida boshini ko‘tarib Miryoqubga qaradi, ko‘zlari o‘ynagan va muloyim kulgan holda: – Tushundim, tushundim. Rahmat sizga! – dedi. Shu bilan Miryoqub ham tinchlanib yana o‘z joyiga o‘tirdi. Bu xotin o‘zi yosh bo‘lsa ham, esi joyida edi. Ko‘p erkaklarning shirin tillari… birinchi yotoqqacha kaldiraganini, yotoqdan turar-turmas yuzlari burishib, haligi tilning aksiga aylana boshlashini yaxshi bilardi. Gimnaziyaning so‘ng sinfini bitirolmay qolgan bu qiz gimnaziyada fransuz tilini tuzuk-quruq o‘rganib, handasani durustgina o‘zlashtirib chiqmagan bo‘lsa-da, ishq romanlarini ko‘p o‘qigan edi. Arsibashevning taraqlagan davrlarida o‘rtoqlari bilan birga butun kecha uxlamay, o‘sha «sevimli» yozuvchini o‘qir va kechalari poytaxtning keng parklarida har bir uchragan erkakni bir «oshiq» xayol qilib, har bir ona suti og‘zidan ketmagan tentak gimnazistni bir «ozitqi» deb bilardi… «Bu yana-tag‘in, yovvoyi bir aziat… Buning gapi, va’dasi bormi? Ertaga unutadi! Ertagayoq o‘zining qirqta (!) xotindan iborat ichkarisiga (o‘zicha aytsak «garemiga») kiradi-ketadi! Topib bo‘ladimi uni – nomi yo‘q va nomeri yo‘q, bir-biriga o‘xshagan ilang-pilang ko‘chalarda?» deb o‘ylardi xotin. Bir ozdan so‘ng bu fikrga o‘zi qarshi bo‘lardi: «Buning maqsadi kart bo‘lsa, ana – kart, men – amriga hozir, nima uchun so‘z qiladi-yu, «ish» qilmaydi? Yo‘q, bu boshqa erkaklarga o‘xshamaydi!» Shunday bo‘lsa ham, qo‘lda bir dastak bo‘lishi kerak. Xotin o‘yladi va dedi: – Sizning bu yaxshi gaplaringiz meni qondirdi. Faqat bu gaplarning ertaga erta bilanoq kul bo‘lib uchmasligi uchun birorta dastak bormi? – Dastakmi? Bilmadim… Siz ko‘rsating, men yo «xo‘p», yo «yo‘q» deyman? – Gaplaringiz rost bo‘lsa, meni ishontirguncha… menga tegmaysiz! – Boshqalarning ham tegmasligi sharti bilan! Xotin «Ming bir kecha»dagi zolim hukmdorlarga o‘xshagan bu «mutaassib musulmon»ning shu qo‘ygan shartidan shu topda juda rozi edi. Faqat, bu joyda, bu binoda u shartni bajarish mumkin emas. Shu uchun u ertasi kuni – Miryoqub hisobiga – shaharning eng a’lo nomeriga ko‘chadigan bo‘ldi. Miryoqub qattiq va’da oldi, o‘zi ham qattiq va’da berdi. Bir haftaga qolmay jo‘nab ketishga jazm qildilar. Kech kirgan edi. Ko‘cha fonarlari yoqila boshlagan, uylariga qaytayotgan izvoshchilar charchagan otlarini erinibgina qamchilardilar, otlar ham quruq aravani shoshmasdan asta-sekin g‘ildiratardilar… Miryoqub bitta-bitta qadam bosib noyib to‘raning uyiga tomon yurdi. Uning miyasida allaqanday besaranjom fikrlar aylanardi. – «Miryoqub burungi Miryoqub emas, nega bu qadar sekin yuradi? Uning shu choqqacha sanab qadam bosganini ko‘rgan odam bormi dunyoda? Nima bo‘ldi unga? O‘zi ham hayron! Akbarali mingboshida bo‘lgan itlik bunda yo‘qmidi? Bu quturmaganmi? Bu suvdan ham muloyim, sutdan ham oq, chumolidan ham beozor, musichadan ham so‘fimi?» – «Yo‘q! Bu ham Akbaraliga o‘xshagan minglarcha itlarning biri. Faqat, bu bilan Akbarali mingboshi o‘rtasidagi farq shuki, bu o‘zini undan yuqori oladi. Shu yuqorilik hissi, shu g‘urur uning o‘zidan itlikni to‘sib turadi, o‘ziga ko‘rsatmaydi, uning o‘zini aldaydi…» – «Yo‘q! Bu bilan Akbarali o‘rtasida tog‘ qadar farq bor! Ana, Petrograddan kelgan moviy ko‘zli dilbar bunga guvoh! Miryoqub Akbaraliga qaraganda farishta! Buni Petrograd go‘zali ham tili bilan tasdiq qiladi. Miryoqubda itlik yo‘q!.. Bo‘lsa ham, shu topda hech narsa qolmadi… Hammasini ana u moviy ko‘zli go‘zalning bilinmas kuchi yulib tashladi, tag-tomiri bilan yulib tashladi!..» – «Yulib tashladimi? Tag-tomiri bilan yula oldimi? Yo‘q! Bekor gap! Necha yillardan beri ildiz yoygan, shox tarqatgan, qulochlab o‘sgan narsani bir qarashda yuladigan kuch yo‘q va topilmaydi! Uning ildizlari Miryoqubning badanida hali juda kuchli! Ana o‘sha kuch emasmiki, uni ketayotgan yo‘lida birdaniga to‘xtatdi. To‘xtagan joyida bir uyning zinasiga o‘tirishga majbur qildi. «Itlik» bosh ko‘tarib kelardi…» – «Nima behudagarchilik bu? Mashhur bir no‘merda ma’lum «kasb» bilan shug‘ullanadigan bir xotinga yo‘liqdi. Ori rost: bu o‘sha joydagi o‘zi singari xotinlarga o‘xshamasdi. Boshqacha ko‘rinardi. Yosh, tarovatli va toza edi. Nima bo‘pti? Har qancha tannoz bo‘lsa ham – yana o‘sha joyning o‘shanaqa xotini. Muning uyiga nega kirdi? Nega kirgani ma’lum. Bu kelganda yechingan ko‘yi muning kartida yotishi – nega kirganini ko‘rsatib turadi. Ochiq ko‘z bilan o‘ylaganda munga nima qilish kerak? Belgili: borib eshikni ochib kirib, fonarni o‘chirib, indamasdan kartga tortish… U o‘zi ham erta bilandan beri shuni kutib o‘tirmaydimi? Shu uchun yuvinib-taranmadimi? U – Layli, bu Majnunmidiki, «oh, oh» deb tog‘-toshlarda, vahshiy hayvonlar bilan ulfat bo‘lib yura bersa? Tog‘-tosh qani? Bu – shahar… Madaniylashgan, «yevropalashgan» shahar. Har burchakdan har minutda bir tannoz buriladi va suzgun ko‘zlari bilan yegunday bo‘lib odamga qaraydi! Shu zamonda Majnun bo‘laman deganlarni o‘lganlaridan keyin tug‘ ko‘tarib mozor qilmaydilar, «jinni edi, o‘lib qolibdi», deydilar va bir kulib qo‘yib, o‘taveradilar, o‘ligi ham ko‘chalarda qolib ketadi. O‘ligini itlar yesa, egasi xursand bo‘ladi. Bekor chirib, sasib yotgandan ko‘ra…» Itlikning shu xilda osiy o‘ylari bilan Miryoqub qanday qilib o‘rnidan turganini va nomer zinasidan shoshilib yuqoriga chiqayotganini o‘zi ham bilmay qoldi. Yuzlari, ko‘zlari kulardi va bu kulish qondirilmagan nafsning birdaniga xuruj qiladigan sho‘xliklaridan o‘zga emasdi. O‘z xonasiga yaqin yetgach, derazadan yupqa to‘r parda orqali ayvonga tushib turgan muloyim shu’lani ko‘rganidan keyin, negadir, yuragi o‘ynab, qadam bosishini birdaniga susaytirdi. Itlik fikrlari yana orqaga tisarila boshlagan kabi bo‘ldi. Eshik oldiga yetgach, qabzaga qo‘l uzatolmasdan to‘xtaldi… Ichkaridan yosh xotinning shirali bir ovoz bilan ohistagina aytayotgan ashullasi eshitilardi. Bu xotinning gapirganida jaranglab chiqadigan shirin ovozi endi, ashulla aytarkan, cholg‘u toriday darrov ko‘ngilga ta’sir qildi! – «Bu qanday ovoz? «Itlik» asari bormi shu ovozda? Shu ovoz bilan karavotga chaqirib bo‘ladimi? O‘xshamaydi-ku sira! Yo‘q! Boyagi bir tush edi… bir bosirqash kelib kechdi… U og‘ir bosirqashdan uyg‘onmoq uchun shu qushchaning sayrashiga ehtiyoj bor ekan! Ana, sayrayotir! O‘zi bilgan, o‘zi tanigan, o‘ziga yoqqan ovozi! O‘ziga yoqqani uchun va’da berib, va’da olgan!.. – «Hay, ket! Ket, mal’un shayton! Men Akbarali emasman! Mening kumush kamarim, podshohlik muhrim yo‘q! Men – Miryoqubman, Miryoqub!..» – «Hay, Miryoqub! Pismiq Miryoqub! Ayyor Miryoqub! Tulki Miryoqub! Shayton Miryoqub! Nafsining bandasi, buzuq, sharmanda Miryoqub! Umringda bir marta salgina, pichagina, qittaygina itlikni tashlash, odam bo‘lish fursati topilibdi-yu, shunda ham mag‘rur bo‘yningni jindakkina egging kelmaydimi? Shunda ham-a! Sen it bo‘lsang, shoshma, itlik qilishga hali ulgurasan! Itlik topiladigan narsa. Pul bo‘lsa – bo‘ldi! Pul har qayda har qancha har qanday itlikni amringga omada qilib bera oladi. Puling bo‘lsa, butun umringni itliklarning bir-biriga ulanib ketgan zanjiriga aylantirish hech gap emas!..» – «Yettinchi seniki, axir! Seniki! Sendan boshqaga yo‘q endi u muloyim maxluq! Seniki u xotin! Hech bo‘lmasa, shu bittani fohisha kabi tasarruf qilma! Hech bo‘lmasa, uning ko‘nglini o‘ldirma! Umidini sindirma! U senga odam deb qaraydi, «xaridor» degan fikrini tashladi, tashlata olding. Ovozini eshitasanmi? Bu ovoz cho‘ntagida puli bor xaridorni kutgan buzuq xotinning o‘z yozmishini qarg‘ab aytadigan alamlik ashulla sidagi ovoz emas! Bu ovoz buzuqligidan zavq oladigan xotinning aynima qo‘shig‘i emas! Bu oqshom chog‘i kuyovini kutib yotgan yosh kelinchakning ma’sum ashulla si! Sevganiga qovushgan yosh maxluqning sevinch qo‘shig‘i! Jufti uyasiga qaytgan ona qushning shukrona kuyi! Miryoqub! Miryoqub! Miryoqub!..» Miryoqub ikkita edi: biri qochdi, biri quvaladi, shu qochish va quvalash sur’ati bilan noyib to‘raning uyiga yetib borib, jing‘iroqning tugmasini bosgan vaqtida… cho‘zib-cho‘zib, hansirab-hansirab nafas olardi… Uy bekasi xonim yo‘q edilar. Katta zalda noyibning o‘zi ovqat stoli ketida choy ichib va gazet ko‘rib o‘tirardi. – Ha, keldingmi, Miryoqub? Marhamat! – Keldim, to‘ra. Qalaysiz? Omonmisiz? Bola-chaqa? – Shukur. Yomon emas. Qani, o‘tir! Mana choy, marhamat qilib o‘zing quyib ich. Nondan ol. Mana sariyog‘, nonga qo‘shib ye. Konfet, shirin kulcha… bulardan ol. O‘z uying, taklifni kutma. – Qulluq, to‘ra, – dedi Miryoqub o‘tirarkan. – O‘zim quyib ichaman. Yangi gaplar, yangi xabarlardan gapirib bering bizga. Kattakon gazetlarni o‘qiysiz… To‘ra ko‘zidan tilla oynagini olib, stol ustiga qo‘ydi va o‘z tizzasi bilan stol o‘rtasida yoyilib yotgan gazetaga qarab dedi: – Katta gazetlarda katta xabarlar bor, bir-biridan yomon… Miryoqub kursini yaqinroq jildirdi, chiroyli bir chinoyoqq samovardan quyuqqina choy quygach, chinoyoq likopchasiga ikkita konfet olib qo‘ydi. So‘ngra qo‘ynidan gazetga o‘ralgan narsani olib ocha boshladi. – Nima u? – dedi to‘ra. – Boya mahkamada aytgan narsangmi? – Ha, to‘rt xat forscha bayt ekan. Shahobiddin domlaga ko‘rsatib edim. Umarxon zamonida qozi bo‘lib o‘tgan Ado degan bir shoirning bayti, o‘z qo‘li bilan yozilgan deydi. – Unday bo‘lsa ko‘p ham eski narsa emas, – dedi to‘ra qo‘lyozmani olib turib. – Lekin chinakam mavlono Adoning xati bo‘lsa, tabarruk narsa. Rahmat senga, Miryoqub. To‘ra yana ko‘zoynagini kiydi. – «Limuharririhu…» Chiroylik xat… Mavlono Ado shuncha xushxat ekanmi? Sharqda, islom sharqida suratkashlik din tomonidan man qilingani uchun rivoj topmasdan, din tomonidan tarvij etilgan bu xattotlik san’ati yaxshi taraqqiy qilgan edi. Xo‘p, qani… o‘qib ko‘raylik… «Gulrangli ko‘z yoshlari va sarg‘aygan yuzlar ajib go‘zal bo‘ladilar, xuddi zar yurgizilgan yoqut kabi go‘zal bo‘ladilar. Sen agar bodom singari boshdan oyoq ko‘zdan iborat bo‘lsang, hech narsa ko‘rolmaysan, ammo sevgi surmasi ila ochilgan ko‘z ravshan bo‘ladi». To‘ra yerli xalqning til va adabiyotini juda yaxshi biladigan ma’murlardan edi. Ayniqsa, fors tili va adabiyotini yaxshi bilar, Turkiston tarixiga oid qo‘lyozma asarlarni har yo‘l bilan qo‘lga tushirishga tirishardi. Uning bu havasini bilgandan keyin, Miryoqub har qayerdan qo‘lyozma asarlar topib keltiradigan bo‘ldi. O‘zining yaqin oshnasi bo‘lgan Shahobiddin mudarris orqali uch-to‘rtta qimmatbaho narsalar topib berdi. Noyib to‘ra Miryoqubning bu xizmatlarini sira unutolmaydi. Buni Miryoqub o‘zi ham yaxshi biladi. Ikkovi ham biri-birining katta-kichik iltimoslari bo‘lsa, qo‘ldan kelgan qadar bajaradilar. Shu uchun sovg‘a-salom, tansiq qo‘lyozma asarlar va ba’zan oz-ko‘p pul xususida to‘ra Miryoqubga minnatdor bo‘lib turadi; amaldorning qo‘lidan keladigan ba’zi bir xil himoyat ishlari to‘g‘risida Miryoqub to‘raga minnatdor bo‘lib turadi. Ishqilib, qars ikki qo‘ldan chiqadi va hamma ish go‘zallik bilan bitib boradi! «Dunyoda hamma odam bolalari bizning ikkimizdek bo‘lsalar, dunyo jannat bo‘lardi» deb o‘ylaydi to‘ra. Miryoqub ham shunday o‘ylasa kerak: ikkovi bir jon, bir tan emasmi axir! – Mavlono Adoning bu baytiga hech qayda duch kelmagan ekanmiz. Bu jihatdan ham bu yozmaning qimmati bor. – Baytning ma’nosi nima, to‘ra? To‘ra tushuntirib berdi. – Go‘zal she’r… Umuman, Umarxon eslik podsho bo‘lgan edi. Mullo odam, o‘zi ham shoir. Vazirlari ham shoir edilar. Undan keyingilarning mazasi bo‘lmadi… Shahobiddin mudarris muning mavlono Adodan bo‘lganini qaydan bilgan bo‘lsa? – Tagida qozining muhri bor deydi. O‘sha qozi mavlono Ado ekan… – E, darvoqe, bunda muhr ham bor… shoshma… ha, mana, mana: «Qozi Abdillatif»… «Sayyidalmuslimin Amir Umar»… Chinakam, bu xat Umarxon davrining asari ekani ma’lum bo‘ldi. Ammo muni yozgan Ado bo‘lmasa kerak. Mavlono Adoning nomi Sultonxon bo‘lsa kerak… Men o‘qib edim. Abdillatif emas. Shahobiddin xato qilibdi. Sizning domlalaringiz munaqa narsalarni yaxshi bilishmaydi… – Men bilmadim, to‘ra. Shahobiddin maxsum shunday dedilar. Men yana surishtirib yuribman, topsam olib kelib beraman. – Hali ham ko‘p qimmatbaho narsalarni berding, Miryoqub. Sening madaniyatga xizmating katta. O‘tgan yil bir tarix kitobi bergan eding, u to‘g‘rida Petrograddagi kattakon majmualarga maqolalar yozdim. Sening nomingni ham ko‘rsatdim. Hozir u kitob to‘g‘risida Angliston, Farangiston va Lamsa (Nemis) mamlakatlarida kattakon majmualarga ko‘p narsalar yozildi. Rahmat senga, Miryoqub! Katta xizmat qilding. Ikkovi ham jim bo‘lishdi. Bir ozdan so‘ng Miryoqub gap ochdi: – Gazet xabarlaridan gapirib bering, to‘ra. To‘raning bu choqqacha kulib turgan basharasiga birdaniga g‘am cho‘kdi. Qovoqlari solindi, lablari – bezgakday – yengilgina qaltirab uchdilar. Qo‘lyozmani stolga qo‘ydi. – Shunaqa, do‘stim, ishlar yomon. Bizning adadi hammanikidan ko‘p bo‘lgan mudhish o‘rdumiz bir-bir ustin yengilayotir… Eng usta va eslik qo‘mondonlarimizning butun tadbirlari natijasiz qolayotir… Mustahkam qal’alar bir-bir ketin dushman qo‘liga o‘tmoqda, qancha viloyatlar, o‘lkalar, shaharlarni dushman egalladi… – Oqpodsho qayerdalar? Bir chora ko‘rmaydilarmi? Hammamiz sevgan oqpodsho… – Bu savolni, Miryoqub, biz hammamiz bir-birimizdan so‘raymiz. Hech qaysimiz javob topolmaymiz. O‘z-o‘zimizdan so‘raymiz. Tajanglanib, xafa bo‘lib, qizib so‘raymiz. Shoshilmay, taammul bilan, o‘ylanib turib so‘raymiz. Na o‘zimizdan javob bor, na boshqadan! Bu – mal’un savol, Miryoqub! – Unaqa demang, to‘ra… Biz, sartiya xalqi, xudodan keyin oqpodshoga ishonamiz. – Ishonganlaring yaxshi. Biz ham hammamiz sizlar singari ishonamiz. Faqat… og‘zingga ehtiyot bo‘l… faqat… ishonish boshqa, ish, amal, voqea – yana boshqa. Biri-biriga zid! Bilasanmi, Miryoqub, rus xalqining o‘qiganlari orasida ma’yuslik bor, og‘ir bir ma’yuslik bor. Ular butun bu baxtsizliklarni oqpodshoning o‘zidan ko‘radilar… – Oqpodshodan? Hech bir podsho o‘z yurtini yovga bergisi keladimi? – Senlarning xonlaring bilan bizlarning podshohlarimiz yurtlariga ko‘p ham achinmaydilar, shekilli… Senlarning Xudoyorxoningga «o‘ruslar Oqmachitni olib qo‘ydi» deganlar. Xudoyorxon «u yurtim necha kunlik yo‘lda?» deb so‘ragan, «bir oylik yo‘lda» deganlar. «Unday bo‘lsa, menga unaqa olis joydagi yurtning keragi yo‘q. Ola bersin» degan… Bizniki ham, vallohi a’lam, undan qolishmas. Miryoqub nima deyishini bilmay qoldi. Bunaqa siyosatlarga sira aralashmagan va bu to‘g‘rida shu choqqacha hech bir bosh qotirmagan kishi bunday katta siyosiy masalalar oldida birdaniga shoshmasdan iloji ham yo‘q edi. Quruq bo‘lmasin deb gapga aralashib qo‘ydi: – Ilgari bir oylik yo‘l bo‘lsa, endi poyezd bilan uch kunlik yo‘l bo‘lib qoldi… – Havo kemasi bilan ertaga uch soatlik yo‘l bo‘ladi. Umuman, ertaga masofaning ahamiyati qolmaydi, Miryoqub. Bizning kattalarimiz asrning sur’atini anglamoq istamaydilar. «Shoshilmasang yetasan» degan maqol boshimizga bir balo bo‘ldi. Germaniya nega kuchlik? – Siz bilasiz, to‘ra. – Men, albatta, bilaman, sen ham bilib qo‘y. Germaniya sur’at bilan yutadi. Sur’at mashina bilan hosil bo‘ladi. Germaniya – bizdan necha barobar kichik, odami bizning uchdan birimizcha ham kelmaydi! Ammo bir qarich yeri temir yo‘lsiz, tosh yo‘lsiz emas. Bugun, aytaylik, Samarqandda bo‘lgan askarini ertaga Oqmachitga olib borib to‘ka oladi. Biznikilar bir izlik temir yo‘l bilan sudralib borguncha ish tamom bo‘ladi… Nimaga germanlar Farangistonda qarishlab oldinga jiladilar? Chunki Farangiston ham, Germaniya singari, sur’at degan narsani biladi. Texnikaga boy. Bizning shaldirama aravamiz, sizning anovi devsifat aravalaringiz butun-butun xalqlarni uxlatadigan narsa… – Chora nima, to‘ra? – Chorani o‘ylashga ham qo‘rqaman, Miryoqub, shoshma, bittadan ichib olaylik. To‘ra o‘rnidan turib javonga tomon bora boshladi. Shundagi oyoq bosishidan Miryoqub uning bir oz shirakayf ekanini angladi. Demak, bu qadar zo‘r masalalarni hech o‘ylab o‘tirmasdan, og‘iz yeli bilan chiqarishi ichkilik ta’siri bilan edi. – Kel, ichaylik, Miryoqub. Biz, ruslar, aroq ichishni hammadan yaxshi bilamiz… Senlar ham iste’dodli xalq ekansan, bizdan o‘tkaza boshlading… Cho‘qishtirdilar. To‘ra allanarsaning sog‘ligiga ko‘tardi. Faqat Miryoqub «…sog‘ligiga» deganinigina anglab qoldi. So‘zning bosh qismi, g‘olibo, ichda aytilgan edi. – Sen chora nima deb so‘raysan, – deya boyagi so‘zini davom ettirdi to‘ra, – chorasini topishdan biz, biz amaldorlar, ojizmiz. Durust, ichimizdagi dushmanga, qora xalqqa qarshi chiqish bo‘lsa – tadbiri oson. Qozoq o‘risimiz, mirshabimiz, jandarmamiz, askarimiz bor… fyusht!.. Xorijdan kelayotgan yovga biz ojizmiz, nima qilishimizni bilmaymiz. Biz bilan birga – bizning tomondan – jang maydoniga tushgan qironlar ham bizga ishonmay boshladilar. Bu – yomon, bu juda yomon hol, Miryoqub. Kel, yana bitta ichaylik… – Chorani aytmadingiz, to‘ra. «Chorasiz dard yo‘q» deydi bizning hakimlar… «O‘lim bilan ishqdan boshqa hamma dardning chorasi bor» deydilar. – Safsata hammasi, safsata… Chorani bizning ichki dushmanlarimiz, ya’ni inqilobiyun degan toifa ko‘rsatadi. Lekin o‘zicha ko‘rsatadi… – Qani, nima deydi u toifa? – Podshoni ham hayda, amaldorni ham hayda. Mirshablarni yo‘qot, jandarmlarni o‘ldir, urushni to‘xtat; boylardan – yer-suvni, fabrikachilardan – fabrikalarni, zavodchilardan – zavodlarni tortib olib xalqqa ber, deydi. Ularning xalq degani – qora xalq, yalangoyoqlar… Yurtni o‘shalar so‘rasin, deydi. Miryoqub xoxolab kuldi. – Noma’qul otning tezagini yepti o‘shalar! Savodi yo‘q, omi bir yalangoyoq kelsin-u yurtni so‘rasin emish… Boydan yerni tortib olib kambag‘al ekar emish… Kambag‘al shuncha so‘kib urishsangiz ham yeringizga bunday bir hafsala qilib ishlamaydi-yu… xo‘jayin bo‘lmasa, ishlar emishmi? O‘sha urushni to‘xtatsin degani durust… Urush chiqqandan beri yurt qimmatchilik bo‘lib ketdi. O‘ziga yarasha davlati, savdo-sotig‘i bor odamlarni jin ham urgani yo‘qku-ya… qayta, mollarning narxi oshib, biri besh bo‘ldi. Ammo shu qimmatchilik bo‘lgandan beri odamlarning ko‘ziga qarasangiz, qo‘rqib ketasiz, to‘ra. – Habbarakalla! Bizning hamma xavfimiz – o‘sha «ko‘zlar»dan… ko‘zlar ko‘p xunuk qaraylar. U ko‘zlarning soni-sanog‘i yo‘q. Germonni yengsak, ko‘zlar yuvoshlanadi. Xudo saqlasin, agar shu xilda keta bersak, u ko‘zlar bizni yeb tashlashi mumkin… To‘ra jim bo‘ldi. Miryoqub ham jim qolib unga tikilgan edi. To‘ra olis xayollarga ketib turib, boshini chaypadi. So‘ngra boshini og‘ir-og‘ir tebratib turib dedi: – Xulosayi kalom, bu ulug‘ kema… bu buyuk «imperiya» dahshatli to‘lqinlar ichida zulmatga, belgisizlikka, yo‘qlikka qarab ketayotir. Uni to‘xtata oladigan va qutqarib qoladigan hech bir kuch ko‘rinmaydi… balki, unday kuch aslida yo‘qdir o‘zi… – Bir so‘z aytdingiz, to‘ra… «Imper»mi, nimaydi? – Ha, imperiya, imperiya. – U nimasi, to‘ra? To‘ra bir oz o‘ylab turgach, podshoning devoldagi suratini, so‘ngra o‘zini, yelkasidagi pogonini ko‘rsatdi. – Mana shu imperiya… Miryoqub hech narsa anglamadi. So‘ngra to‘ra og‘ir bir nafas olgandan keyin: – Menga qara, Miryoqub, – dedi, – qo‘y endi bu gaplarni! – Ha, qo‘ying, to‘ra, odamni xafa qiladigan gaplarni gapirmaylik. «Ertaning g‘amini eshak yeydi». Ertaga xudo poshsho egam… – Hali Akbarali shu yerda deding. Uylanganiga bir hafta bo‘lmay turib shaharga nega tushdi? Bironta ish bilanmi? Shundan keyin Miryoqub o‘zining g‘amxo‘r otaxoniga butun voqeani gapirib berdi: – Eh-he, hali shunaqa degin! – Ha, shunaqa, to‘ra. , – Akbarali ahmoq! Eshshak! – Rost aytasiz, to‘ra, bir oz esi pastroq… – Sizning shariatingiz to‘rt xotin olishga yo‘l qo‘yadi. Bu qonun, aslida, chakki qonun emas… Har bir erkak buni biladi… Faqat, u mundan yuz yil, ellik yil burun durust edi, zamon ko‘tarardi. Endi zamonlar boshqa, Miryoqub. Hozir to‘rt xotin olib, to‘rt tashvishni yelkaga ortishning nima hojati bor? Odam degan, albatta, bittaga qanoat qilolmaydi… bu ma’lum. Lekin buning uchun uylanib o‘tirish kerakmi? Bekorchi xarxashani ko‘paytirib nima qiladi kishi? To‘ra ovozini pasaytira tushdi: – Hoy-havas uchun mutloq uylanib o‘tirish shart emas. Sen o‘zimiznikisan, senga ishonib aytganda, mening bir oshnam bor: urushga ketgan ofitserning xotini. Yosh, chiroyli narsa. Yaqinda, ziyofatda bir savdogar boyning xotini bilan tanishdim… bu oqshom o‘shanikiga bormoqchiman… ochiq, dilkash narsa. Mana xolos! Ahmoq, Akbarali ahmoq!.. – Rost aytasiz, to‘ra, rost. Mana, men ham bittaga «qanoat» qilib o‘tayotirman-ku… hoy-havaslarim qolib ketayotgani yo‘q… – Habbarakalla, – dedi to‘ra. – Xotining bitta, ayshing joyida… Keyin barmog‘i bilan «hap seni» qilib turib: – Sen, Miryoqub, yomonsan lekin… – dedi. Miryoqub avval bir oz qizarindi, so‘ngra kulimsirab to‘raga qaragach, javob berdi: – Xudovandikarimning rahmat daryosi keng deydilar, to‘ra. Shunga ishonib uncha-muncha erkalik qilamiz-da. Uncha-muncha… – Tog‘day-tog‘day gunohlar ham uncha-muncha bo‘lar ekan-da. Miryoqub xoxolab kuldi: – Tog‘day-tog‘dayini endi sizdan o‘rganamiz, to‘ra, xudo xohlasa… Siz, axir, mulla odamsiz… To‘ra ham qahqaha solib kuldi. So‘ngra devoldagi soatga qaradi: 8 dan 15 minut o‘tgan edi. O‘rnidan turdi. – Sen o‘tirib tur, men kiyinib olay. Birgalashib chiqamiz. To‘ra kiyinib chiqqandan keyin, Miryoqub ham o‘rnidan turdi. – Qani, yur bu yoqqa. Boqcha tomondan chiqaylik. Xonim kelmagan, kampir uxlab qolibdi. Eshikni berkitib oladigan kishi yo‘q. Ayvonga chiqdilar. Sahnga tushgach to‘ra to‘xtadi. – Miryoqub, yangi gapdan xabaring bormi? – Yo‘q, to‘ra. – Tog‘ tomonda olomon qo‘zg‘olon ko‘tarib, bir-ikkita amaldornikiga o‘t qo‘yibdi. Ertaga tushdan keyin yonimga askar olib chiqib ketayotirman. Bugun ham o‘n yetti kishini ushlab keltirdilar. Olomon quturgan, deydi. – Qachon kelasiz? – Ikki-uch kun qolsam kerak. Sen Akbaraliga ayt, tezroq joyiga borsin. – Xo‘p, jonim bilan. Biz ham ertaga chiqib borarmiz. – Hozir har bir mingboshiga yana yettitadan yigit berish masalasini ko‘tardik, ehtimol, yaqinda ruxsat bo‘lib qolsa. – Yaxshi bo‘lardi. Bularning ovozini eshitib, oshxona tomondan to‘raning oshpazi Zunnun keldi. Miryoqub bilan ko‘rishdi. – Miryoqub aka, chiqib ketayotirsizmi? Biznikiga bir kirib chiqing. Bitta choy damlab beray. Sizga bir gapim boridi… Miryoqub to‘raga qaradi. – Juda yaxshi! Bir oz choy ichib, gaplashib borarsan. Zunnunboy zerikkandir. To‘ra kumush boshli hassasini yerga ura-ura panjara eshikdan chiqib ketdi. Bular oshxona tomonga burildilar. Zunnun akaning uyi oshxona bilan don omborining o‘rtasida edi. Bu bir qavatli, tor derazali, xom g‘ishtdan yopilgan bostirmalar esa sahnning to‘risida, noyib to‘raning o‘z uylari o‘rnashgan pishiq g‘ishtli yaxshi binoning qarshisida bo‘linardi. Bu bostirmalarning keti boqcha va gulzor. Oshxonaning derazasi sahnga – oldinga qaragani holda, Zunnun aka turadigan uyning faqat boqcha tomondan bir kichkina deraza va eshigi boridi. U uyga oshxona orqali o‘tsa ham bo‘lardi. Oshxonadan ham sahn, ham boqcha tomonga eshik ochilardi. Zunnun akaning uyiga kirmasdan gulzorda bir skamyaga o‘tirdilar. Miryoqub tezroq borib o‘zining yangi yulduzini yana bir ko‘rmoqchi va o‘z boshiga yolg‘iz qoldirilgan mingboshidan ham xabar olmoqchi edi. Mingboshi – boladay narsa… uni ko‘p ham yolg‘iz qoldirib bo‘lmaydi. Shu uchun Miryoqub choy qo‘ymoq uchun turayotgan oshpazni to‘xtatdi: – Zunnun, men shoshilib turibman. Gapingni ayt. Tezroq bormasam bo‘lmaydi. Miryoqubning ovozida allaqanday besaranjomlik ham yo‘q emasidi. Buni Zunnun payqadi. – Nima bo‘ldi sizga, Miryoqub aka! Ovozingizda bir bezovtalik bor… – Hech narsa bo‘lgani yo‘q, shoshilib turibman. – Unday demang. Baribir, men bilaman. Bizning to‘ra ham juda xafa. Xonim bo‘lsalar tezda-tezda «Rusiyaga ko‘chib ketsakmikan?» deb qo‘yadi. «Sen ham ketasanmi?» deb so‘raydi. Ular dunyoning hamma hol-u ahvolini bilib turadigan odamlar, bir narsani sezishgandir-da. Men bu yerda har xil o‘ruslar bilan gaplashaman. Hammasi har narsa deydi. O‘ylab ko‘rsangiz, hammasining gapi bir: «bir balo bo‘ladiganga o‘xshaydi». Miryoqub boshini ko‘tardi. – O‘ruslar shunaqa deydimi? Qani, gapir, yana nima deyishadi? – Aytdim-ku, hamma har xil gapiradi. Lekin gapning tagi bir joydan borib chiqadi: «bir balo bo‘ladiganga o‘xshaydi». Nima balo ekan, bizning aqlimiz yetmaydi. Har qalay, bir balosi bor. Miryoqub ahvoldan bu daraja xabardor bo‘lgan odamdan sir yashirishni lozim ko‘rmadi: – Rost aytasan, – dedi. – To‘ra menga ko‘p gaplarni aytdi. Biri-biridan vahimalik… Uning gaplarini eshitib, men o‘z-o‘zimga «zamona oxir bo‘pti. Qiyomat yaqin, shekilli» dedim… – Shu uchun men sizni chaqirib edim. Zunnun Miryoqubning yonginasiga o‘tirdi. – Men qirqqa borib qoldim. Haligacha bitta boshim ikkita bo‘lgani yo‘q. Keng ko‘rpada yolg‘iz o‘zim qaltirab yotaman… Mening ham orzu-havasim bor. Uylansam, bala-chaqa ko‘rsam deyman. – Juda yaxshi. O‘zingga loyiq bir qiz topiladi, albatta. – Qiz tayyor… qishloqda mening bir xolam bor, o‘sha darak solib topgan ekan. Endi qistab yotibdi. – Uylanaber, nimasi bor? Taraddingni qilaber, to‘yni birgalashib o‘tkazamiz. – Men xo‘jayinning oldidan bir o‘tib qo‘ysammikan deb edim. – To‘g‘ri, sening otaxoning bo‘lib qoldi. So‘raganing yaxshi. – Shuni aytaman. Zunnun kuldi. Miryoqubga tomon yana ham yaqinroq surildi. – Shu to‘g‘rida xo‘jayin bilan gaplashib bersangiz deb edim. – O‘zing-chi? – O‘zim… betlayolmayman. – Nega? Ayta ber. – Siz aytsangiz deyman. – Yaxshi, men aytay. Miryoqub birdan suhbatdoshiga tomon burildi: – Xonim bilan qalaysan? – Juda qalin… – Bo‘lmasa, unga ayt, eriga o‘zi aytadi. Zunnun kulib yuborib o‘rnidan turdi, ikki qo‘lini chakkasiga qo‘yib, suhbatdoshidan besh-olti qadam yiroqlashdi. Unga orqasini o‘gurgani holda quyigaroq egilgan boshini qattiq-qattiq chayqab, so‘ngra birdaniga yugurib Miryoqubning yoniga keldi. Hamon qizarib kulishini davom etdirgani holda, Miryoqubga egilib, dedi. – Siz bilmaysiz, xo‘jayin! – Albatta, bilmayman. Sening ko‘nglingni men qaydan bilay? Gapir! Miryoqubning bu so‘zlarida biroz qattiqlik asari boridi. U, g‘olibo, o‘ziga teng bo‘lmagan bir kishi bilan ortiqcha bachkanalanishni istamas edi. Holanki, Zunnunning qiliqlari bachkanalikka qarab ketdi. Zunnun suhbatdoshining ovozidagi o‘zgarishni payqadi va darhol uning yoniga o‘tirdi. – Hamma balo xonimda-da! – dedi u. Miryoqubning ko‘zlari olaydi. Yana suhbatdoshiga tomon burildi. – Nimalar deb yotirsan? – Xonim bo‘lmasalar erta qachon uylanib olardim, aka! – Obbo xudo urdi! – dedi Miryoqub, irg‘ib o‘rnidan turdi. Boshini chayqadi. Ikkala qo‘lini Zunnunning yelkasiga qo‘ydi. – Nima balo, senga ko‘ngli tushib qolganmi? Zunnun zo‘r berib kulardi. – Hoy tentak, gapir deyman! Nima balo bor o‘rtangizda? Zunnun hali ham kulardi. Shu onda birdaniga hovli tomondan xotin kishining chorlash ovozi eshitildi: «Zunnun! Zunnun!…» Bu xonimning ovozi edi. Zunnun irg‘ib o‘rnidan turdi. – Turing, darrov mening uyimga kiring! Chirog‘ni yoqmasdan deraza oldidan tomosha qiling… Nafas o‘tmay Miryoqub deraza oldida o‘tirib tashqarini kuzata boshladi Zunnun gulzor o‘rtasidagi elektrik fonarni o‘chirdi, o‘zi yugurib oshxonaga kirdi. Oshxonadagi yorug‘ fonarning shu’lasi eshik tirqishidan uy ichiga shu’la tashlab turardi. Tashqarida – gulzor tomonda esa ola qorong‘ilik hukm surardi. Miryoqubning o‘tkir quloqlari oshxona tomonni tinglarkan, ikki kishining pichirlashib gaplashganini aniq eshitdi, yuragi objuvoz linkopiday ura boshladi: – Shoshma, Zunnun, shoshma deyman! Bu yerda yaxshi emas… – Bu yerda yaxshi emas deysiz… Uyimga kirgali unamaysiz… Xonim sekin javob qildi: – Mendan uni kutma! U to‘g‘rida gapirma ham! – So‘ngra ovozini bir oz pastlatib dedi: – O‘zing bir yaxshi mening uyimga kela bilasan… Shoshma, Zunnun! Sursan! Shoshma deyman senga! Xo‘jayining qani? – Bir joyga ketdi! Kech kelaman, dedi. Zarur ishi bor ekan… – Bas deyman! Karmisan? Vaqti bor har narsaning. Xafa bo‘laman bekor! Yana yarim kecha-saharlarda keladi desang-chi! Oh, bu erlar!.. – Ha, kechroq kelaman, dedi. – Buncha sur bo‘lding? Mastmisan, nima balo? Yur, boqchaga o‘taylik. Darranda… Birdan oshxonadagi fonar o‘chdi. – O‘chirma! Zunnun, yoqib qo‘y, jonim…Yoq deyman! Avval «cho‘p» etgan kuchli bir o‘pish eshitildi. So‘ngra fonar yondi. Undan keyin oy qorong‘isida qo‘ltiqlashgan ikki kishi deraza oldidan bir-ikki marta u yoq-bu yoqqa o‘tdilar. So‘zlari eshitilmasdi. Zunnun o‘z hunarini ko‘rsatmoqchi bo‘ldi, shekilli, xuddi deraza qarshisiga kelganlarida xonimni mahkam quchoqladi-da, derazaning pastgina supachasiga o‘tqizdi. Miryoqub ichkarida yuragini hovuchladi: to‘raning xotini lablarini oshpaz Zunnunning lablariga qo‘yib uning quchog‘ida hansirardi… Biror minutdan so‘ng xonim irg‘ib o‘rnidan turdi, shu onda oshxonaning eshigi ochildi. So‘ngra oshxonaning hovli tomonidagi eshigi oldidan xonimning so‘zlagani eshitildi: – O‘zim aytaman… mana shu vaqtlarda… O‘zing bilasan-ku… Oshxonaning u eshigi ham yopildi. Birozdan so‘ng Zunnun kirib o‘z uyining fonarini yoqdi. Miryoqubning rangi o‘chgan edi… – Toza bo‘lgan ekan bo‘lgulik! – dedi u. – Hali gap shu degin? – Bir-ikki yildan beri ahvol shu… Qani, yuring, gulzorga chiqaylik. Gulzorga chiqib yana skamyaga o‘tirgach, Zunnun davom etdi: – Mana shu ahvol. Gapini eshitdingiz-a? Bugun xo‘jayinning chiqib ketganini bilmay qoldi, o‘zi uyda yo‘q edi. O‘zi uyda bo‘lsa, bunday hollarda xo‘jayindan so‘raydi: «qachon kelasan?» deydi. «Yana yarim kecha-saharlarda kelarmikansan? Kutib o‘tiraylikmi? Samovarga bir qop ko‘mir tashlaylikmi?» deb o‘shqirib ham oladi. Xo‘jayin «bugun ish juda muhim. Garnizon boshlig‘i ishtirok etadi. Shu uchun kech kelsam kerak. Soat 2 dan avval kela olmasman… Sizlar bemalol yota beringlar» deydi. Xotinidan uzr so‘raydi bechora! U ketgan hamon xonim meni chaqirtiradi. Onasi oldida buyruq qiladi: «xo‘jayining kelguncha zalda o‘tir. Kelganda chiqib eshikni och. Sekin yur! Bizning uyqumizga xalaqit berma!» deydi. «Xo‘p» deb zalda qolaman. Zalning bir yonidagi eshik xonimning uylariga ochiladi, bir yonidagisi yo‘lakka, yo‘lakdan – ko‘cha eshigiga. Onasi bo‘lsa bola bilan birga, ho‘… narigi chekadagi uyda yotadi. U mana bu vaqtlarda dang qotib uxlab qoladi. Bola ham yuvosh, mo‘mingina… Men zalda qolaman. Zal bilan yotoq uyi o‘rtasidagi eshikning bir qanoti ochiq… Xullas, xo‘jayin jing‘iroq chalganda, sekingina o‘rta eshikni yopib yo‘lakka chiqaman-u uyqusirab, esnab, paypaslanib eshikni ochaman. Xo‘jayin, aksari, mast keladi, hech narsani bilmaydi. Hushyor kelganida «bor, endi, joyingga chiqib yot! Sekin yur, xonimni uyg‘otasan. Shu choqqacha taxtalik polda yurishni bilmaysan. Ho‘kiz!» deydi… Miryoqub hayratlar ichida qolgan edi. Shuncha gapni eshitishga vaqti bo‘lmasa ham, shoshilganini unutib, diqqat bilan quloq soldi va birushta boshini chayqab o‘tirdi. Biroz o‘ylanib turganidan so‘ng boshini uzun-uzun chaypab: – Imperiyasi tag‘in ham botmasinmi? – dedi u. – Necha ming, necha lak fuqaroning joni shularning qo‘lida. Bularning joni esa mana munaqa manjalaqilar qo‘lida ekan!.. – Nima deysiz endi, Miryoqub aka? – Qaysi to‘g‘rida? Sening uylanishing to‘g‘risidami? – Ha. Xayoli boshqa tomonda bo‘lgan Miryoqub: – Yaxshi, uylan! – dedi. – Qayliq olish yaxshi narsa. – Uni bilaman. Xo‘jayinga aytish maslahatini so‘rab yotirman. – Ha, u to‘g‘rini aytasanmi? Yaxshi. O‘zim gaplashib beraman. Lekin hali emas, bir-ikki oydan keyin… – Ungacha qish kelib qoladi-da? – Xotin degan qishda kerak-da. Yozda xotinsiz ham issiq o‘zi… – Bor bo‘ling, topdingiz! Men sizga ishonib turaman, bo‘lmasa. – Ertagayoq so‘rab berardim. Tushdan keyin xo‘jayining tog‘ tomonga chiqib ketar ekan. Ikki-uch kunsiz kelolmayman, deydi. Undan keyin biror hafta o‘tkazib o‘zim ham Qrimga jo‘nayman. To‘yni bizsiz o‘tkazma, Zunnun! – Ha, albatta, albatta! Mingboshi tog‘am bilan siz ikkovingiz bo‘lmasangiz to‘y tatiydimi? – Bo‘pti. Zunnun yana kuldi. – Ertaga xo‘jayin uyda bo‘lmas ekanmi? – Shunday dedi. – Menga qarang, Miryoqub aka. Miryoqub burildi. Zunnun egilib turib so‘radi: – Bizning xonim qalaylar? Tobingiz bormi shu kishiga? Miryoqub birdaniga javob bermadi. O‘ylanib qoldi. – Aytabering, aka. Men o‘z kishingizman… – O‘zi qalay deb so‘rasang, chakki emas: semizgina, lo‘ppigina, badani oppoq, tarovatini saqlagan, ancha yosh ko‘rinadi… O‘zi ham 27 – 28 dan nari emasdir? – 27 da bo‘lsa kerak. – Ha, men adashmayman. Endi «tobingiz bormi?» deb so‘raysan. Nima deyishga hayronman… Biz, erkak xalqini o‘zing bilasan. Itmiz! Shayton hamma vaqt yelkamizda… Tizginni doim chapga burib turadi… Lekin, Zunnunboy, ikkovingiz ham yetib ortasiz bechoraga… – Nega ikki kishi bo‘lsin? Bir kishi, xolos… – Nima demoqchisan? – Eri – nomiga er. U boshqa xotinlar bilan yuradi. Uning o‘ynashlari ko‘p. – Sen qaydan bilasan? – Men hammasini bilaman. Ba’zi birlarini o‘z xotini ham biladi. Uning menga buncha osilishi ham besabab emas. Ikki kishi demang, bir kishi. Menman, xolos! Ehtimol, tashqarida bo‘lsa… Yo‘q, agar bo‘lsa, sezardim, albatta. Siz menga qarang, ertaga xo‘jayin uyda bo‘lmasa, kechlatib keling. Allaqaysi bir mingboshi to‘raga bir to‘qqiz ilvarsin yuborgan ekan, uchtasini alohida tuzlab qo‘ydim. Yaxshi palov qilaman. Xonim ham bo‘ladi. Tobingiz bo‘lsa, u yog‘i oson… Miryoqub indamasdan o‘rnidan turdi. Yonidan pul olib Zunnunga uzatdi. – Yaxshi. Shomdan keyin kelaman. Mana bu pulga ichkilik ol… Ko‘ramiz. Zunnun pulni olmoq istamasa-da, Miryoqub qo‘ymaganidan keyin noiloj olib, stol ustiga tashladi va o‘sha maqtanchoq kulishi bilan kulib turib: – Ertaga kutaman, – dedi. – Xo‘p, – dedi Miryoqub. Yana boyagiday bosh chaypab uydan chiqdi. Nomerga qaytib borarkan, hamon boshini chaypab o‘z-o‘ziga so‘zlanardi: – «Imperiyasi chiribdi… Yiqilsa ham hech kim tang‘irqamaydi. Mening miyamda shu bugun g‘alati fikrlar qo‘zg‘aldi. Nimaligini o‘zim ham bilmayman… Ilgari hech bunaqa gaplar yo‘q edi. Allakimdan allanimalarni so‘ragim, bilgim, o‘rgangim keladi. Bir pirni topib – tariqat so‘rasammi? Bir zakunchini topib – zakun so‘rasammi? Yo bir muallimni topib – masala so‘rasammi? Hayronman…» – «Imperiyani kemaga o‘xshaydi deydi… Yo‘q, kema deydi, kema… Nimaligini bilsam edi! Imperiya nima desam, oqpodshoni, o‘zini, pogonini ko‘rsatdi. Oqpodshoning nimaligini o‘zi aytib berdi, o‘zining kimligini o‘zim bilaman, bugun yana ham ochiqroq bildim, ertaga juda ravshan bilsam kerak… Endi, yelkasidagi pogoni qoldi. U bir latta, zardan tikilgan bo‘lsa hamki, bir latta… Mashinachi tikadi. «Eshagiga yarasha tushovi» degan gap bor. Egasiga yarasha – pogoni… Demak, imperiya botishga tomon boradi». – «Biz nima bo‘lamiz? Fuqaro nima bo‘ladi? Bizning topgan-tutganlarimiz, ortdirgan davlatimiz nima bo‘ladi? Azbaroyi xudo, kimdan so‘rasam? Shoshma, yangi oshnamdan, meni zanjirsiz bog‘lab qo‘ygan ayyordan so‘rayman! U, har holda, o‘rus-ku… o‘qigan-ku… biladi. Yo‘q, shoshma, u o‘zi nima bo‘ladi? O‘zi? Shunday katta imperiya botadi-yu, u sog‘ qoladimi? Nima, azbaroyi xudo, bu imperiya? Kimdan so‘rayman endi? Kimdan?!» Soat o‘n birlarda nomerga kelib mnngboshining yoniga kirdi. U ikki xotinni ikki yoniga olib, ikkalasining bo‘yniga baravar qo‘l tashlab, mudramoqda edi… Kirgan hamon baland ovoz bilan qichqirdi: – Turing, dodxo! Xirmonga o‘t ketdi!!! Mingboshi seskanib uyg‘ondi, irg‘ib o‘rnidan turdi. – Qayerda qolding, noinsof? Meni yolg‘iz tashlab? – Kim noinsof? Ikki tannozning o‘rtasida o‘tiribsiz-ku, yana yolg‘izman deysiz… – Zerikdim bularingdan… ko‘nglimga urdi. Yur, ketaylik! – Qulluq bo‘lsin itlikning yo‘qolishi! Xudoga shukur, ming qatla shukur, odam bo‘libsiz. – O‘tir! – deb baqirdi mingboshi. Ikkala xotin cho‘chib tushdi. Miryoqub yoyilib-yoyilib kuldi. – Qayerda qolding? – Imperiyaga o‘t ketgan ekan. O‘chirishgali borib edim… – Nimaga? – Imperiyaga… Imperiya… Xotinlarning biri muning yoniga o‘tdi. – Siz «imperiya» dedingizmi? – deya gap boshladi xotin. – Bizning shahrimizda «Imperial» degan bir nomer bor edi. Tog‘ning shundoqqina tepasida, pastda – daryo. Nomerning oldi – bog‘, bog‘ning oldi – pastlik, jar… – Imperiya o‘zi ham jar bo‘yiga kelib qolgan emish, – dedi Miryoqub. Xotin uning yoniga suqulib kirib: – Nima dedingiz? Anglamadim, – dedi va qo‘lini Miryoqubning yelkasiga tashladi. Miryoqub uning qo‘lini muloyimlik bilan o‘z yelkasidan olib qo‘yib, o‘rnidan turdi-da, mingboshiga yuzlandi: – Men ketdim! Eski shaharda ishim bor. – Shoshma! – deb baqirdi mingboshi. – Men ham birga ketaman! – Siz buguncha shu yerda yotaturing. Qorningiz to‘qdir, albatta? – Qornim to‘q, ammo zerikdim. Qachon ketamiz? – Indinga erta bilan, sahar, xudo xohlasa. Zerikkan bo‘lsangiz, ertaga boshqa nomerga ko‘chiraman. U yer yaxshi. – Indinga ketadigan bo‘lsak, menga bir dutor chalib ashulla aytadiganini topib ber. Bu til bilmaslaring bilan zerikib ketdim… – Xo‘p, xo‘jayin. Ertaga kunduzi hammasi bo‘ladi. Indingacha imperiyani botiramiz… – U nima deganing? – «Itlikni o‘ldiramiz!» deganim… Yaxshi tush ko‘rib yoting, xo‘jayin! Xayr endi, xonimlar! Tez-tez hatlab tashqariga chiqdi. Ayvonga o‘tishi bilan o‘z uyidagi qizil fonarning shu’lasi ko‘rindi. «Demak, mening uyimda». Eshikni sekingina ochdi. Yosh xotin stul ketida kitob o‘qib o‘tirardi… Miryoqubni ko‘rgach, o‘rnidan turib joy bo‘shatdi va to‘riga taklif qildi. Miryoqub soddagina ko‘rishib, to‘riga uni o‘tqazdi va o‘zi pastga o‘tirdi. Avval yosh xotinning ko‘zlariga qaradi: horg‘inligi, uyqusiraganligi ochiq ko‘rinib turardi. Kartga qaradi: odam yotgani bilinmaydi. Shundan so‘ng ko‘nglida bir sevinch qo‘zg‘aldi, butun badanini bir zavq o‘rab oldi… Yana yosh xotinga tikildi: u bir bet qolgan kitobni oxiriga yetkazmoq uchun urinardi. Bu daf’a Miryoqub xuddi o‘zining necha yillik sinoqta xotinini ko‘rganday bo‘ldi. Bu xotin go‘yo necha yildan beri har kun shu ravishda muni kutib umr o‘tkazgan… Imperiya esidan chiqdi. Xotin kitobni bitirguncha, bu jimgina o‘tirdi. Kitobni o‘qib bitirgach, xotin yengilgina, ehtiyot bilangina esnab oldi-da, so‘ngra bu ishidan o‘zi uyaldi, shekilli, yuzini qo‘li bilan to‘sib kuldi. Yumshoqqina kuldi… Betlariga qizil qon oqinlari yugurgan edi. Miryoqub ham kuldi va sekingina o‘rnidan turdi. – Xo‘p, yotib uxla bo‘lmasa, men eski shaharga tushib ketayotirman. – Yaxshi, bora bering. Bugun xo‘jayin eshikni chertib kelgan edi, «tobim yo‘q» deb kiritmadim. – Nima deydi? – «Bir sart boyvachcha keldi. Besh yuzdan kam olmaysiz. Maqsadingizga yetdingiz… O‘zi ham yosh, chiroylik, original…» deydi. «Yaxshi, indinga kelsin. Tobim qochib turibdi, vannada sovuq oldiribman…» dedim. «Attang, attang…» deb qaytib ketdi. O‘zi xohlamasdan, bo‘lib-bo‘lib, oddiy ovoz bilan bu voqeani so‘zlab bergan xotin endi bu safar xuddi yolvorishga yaqin bir ovoz bilan dedi: – Ertaga shu yerdan ketarmikanmiz? – Albatta, erta bilan kelib o‘zim to‘g‘rilayman. – Narsalarni qanday qilamiz? – Narsalaring ko‘pmi? Xotin kuldi. – Bir chamadon, xalos. – Oson ekan. Ertalab shu uyga chiqarib qo‘yalasanmi? – Ertalab bo‘lmas, kechasi bir ish qilib eplarman. – Unday bo‘lsa, xotirjam. Sen kiyimingni kiyib chiqaverasan, tamom! Miryoqub chiqib ketishga mo‘ljallay boshladi. – Yo‘q, shoshmang! – dedi xotin. – Men bu pasportim bilan u yerda turolmasman… – Obbo! – dedi Miryoqub. – Hali bu masala ham bor ekan. – Nima qilamiz? – deb so‘radi xotin. Miryoqub o‘ylanib turib dedi: – Bir yo‘lini toparmiz… shoshma. Bir ozdan so‘ng yuzlari kulib, keskinlik bilan dedi: – Xotirjam bo‘l, pasport topaman. Ertaga erta bilan qo‘lingda bo‘ladi. – Tashakkur etaman. Miryoqub tashakkurga javob qaytarishni bilmasdi… Lekin u shu topda, negadir, o‘zi ham xursand bo‘lib, allanechuk charaqlab ochilib ketdi. «Miryoqub epaqa har ishni eplaydi» degan xayolga bordimi, yo boshqa bir yoqimli xayolga bordimi, har qalay, ta’bining choqligidan bo‘lsa kerak, yosh xotinning yoniga borib peshonasidan bir o‘pib olmoqchi bo‘ldi. Faqat, yana darrov o‘zini to‘xtatdi: «Yo‘q, qizigan olovmiz ikkovimiz ham… Qancha yiroq bo‘lsam, shuncha yaxshi…» – dedi o‘z-o‘ziga. – Xo‘p, yot, orom ol, bo‘lmasa. Eshikni ichidan berkitib yot! Miryoqub irg‘ib o‘rnidan turdi. – Tabiiy, – dedi xotin, u ham sekingina o‘rnidan turib eshik tomonga yurdi. Miryoqub ayvonga chiqqach, ichkaridan kalitning sharaqlagani eshitildi. «Men uchun ochiladigan eshik boshqalar uchun yopildi!» – dedi u o‘z-o‘ziga. Xursand, ko‘ngli ochilgan, allanechik yengillagan, ko‘zlari, yuzlari, butun borligi bilan kulgani holda ildam-ildam bosib ko‘chaga chiqdi. Muyulishda uxlab yotgan izvoshchini uyg‘otib, ikki otni choptirganicha, yarim kechada noyib to‘ra mahkamasining kotibi Ignatyukni qidirib ketdi. Kecha kechasi ko‘cha eshigi zinasida arvaq Ignatyukning quruq changaliga qistirilgan o‘n so‘mlik qog‘oz o‘z vazifasini bajargan edi: ertalab soat 10 da mahkamaga kelib kirgan Miryoqubning qo‘liga Ignatyuk bir yangi pasport uzatdi. 24 yashar Yevdokiya Zaxarovna Kabilina nomiga yozilgan bu muddatsiz pasport yosh xotinning kechagi tashvishini tamoman bartaraf qila olardi. U yozlik kiyimini kiyib chiqib, to‘ppa-to‘g‘ri birinchi klass nomerga bordi va o‘zi uchun ajratilgan kichkinagina chigiling va soz uyiga o‘rnashdi. Bir soat o‘tar-o‘tmas narigi nomerning yo‘g‘on gavdali, devsifat, uzun soqol xizmatchisi bir qop ichiga solib xotinning chamadonini keltirib berdi. Uning narigi nomerdagi xonasida endi hech narsadan xabari yo‘q xizmatchi xotindan boshqa narsa qolmagan edi… Miryoqub mingboshini ham boshqa bir nomerga ko‘chirgandan keyin, o‘z nomerining hisoblarini tamomlab, nomer egasi do‘stiga qo‘l uzatdi: – Xayr endi, men qishloqqa jo‘nayman. – Xayr, Miryoqub, kelib tur, do‘stim. Xotin qalay? – So‘rama. Bir-ikki kundan keyin yana kelaman… – Arziydi… arziydi, cho‘rt vazmi! – dedi xo‘jayin. O‘zidan xursand bo‘lib kuldi. So‘ngra so‘radi: – Qancha berding? – Ishing nima? – Aytaber… himmatingni bilayin deyman. Kechadan beri o‘zi ham senikidan chiqmaydi. – Menikidan chiqmagani rost, faqat notob o‘zi… – Sen uni sovuqqa oldirib qo‘ygansan. Kecha bir boyvachcha kelgan edi. «Notobman» deb chiqmadi. Sen menga katta zarar keltirding. Vagonchi boyning o‘g‘li edi… Vahob… Bilasanmi? Ana, pul degan narsa o‘shanda! Bir quchoq! – Bu xotin shu yerda bo‘lsa, vagonchi boyvachchalar ko‘p keladi hali… Shoshma! – Albatta, albatta! Har holda qancha berding? Ayt! – Ko‘p emas, faqat… ming so‘m! – Ming so‘m?! Rostmi? – Nega yolg‘on bo‘lsin? Ming so‘mlik chek berdim. Bankaga ketdi. – Cho‘rt vazmi! Bir yarim mingdan oshib ketibdi… «ketaman» deb qolmasin. – Pul shirin. Qancha ko‘paysa, yana shuncha ko‘paytirgisi keladi. – Rost aytasan. Bir ish qilib yana bir-ikki hafta olib qolaman. Qo‘yamanmi men? – Sen qo‘ymaysan, bilaman. Xayr endi! – Yaxshi bor! Miryoqub o‘z do‘stining ahmoqligidan kulib ko‘chaga chiqdi. – Ertaga erta bilan qishloqqa jo‘nayman, – dedi u ko‘ngli ilingan xotinga. – Ko‘p bo‘lsa besh kun turib qaytaman. O‘sha kuni jo‘nab ketishimiz kerak. – Men sizga ko‘p tashakkur qilaman, aziz do‘stim. Siz, chinakam, aziz do‘stim bo‘ldingiz. Keling, men sizni bir singil sifatida o‘pib qo‘yay… Miryoqub bu so‘zlarning ma’nosiga tushunguncha, yosh xotin kelib peshonasidan o‘pdi. Bu o‘pish har qanday yaramas hisdan uzoq va ehtiyotli bo‘lsa-da, xotin kishining bu qadar yaqinlashib kelishi Miryoqubni dir-dir titrashga majbur qildi. Unga nisbatan xotin juda tinch va loqayd edi. O‘pib bo‘lgandan so‘ng Miryoqubning yonidan uncha uzoqlashmasdan uning qop-qora va besaranjom ko‘zlariga tikilib turgan xotin, g‘olibo, uning shu topda kechirayotgan talvasalaridan xabardor emasidi. Miryoqub bir-ikki qadam orqaga chekindi. – Eski pasport qani? – Nomerda qoldi. – U kerak emasmi? – Yo‘q, yo‘q, yo‘q! Yaxshi bo‘ldi, juda yaxshi bo‘ldi. Men butun qora kechmishimdan qutuldim. Rahmat sizga, men bundan so‘ng Mariya Stepanovna Ostrova emasman – Yevdokiya Zaxarovna Kabilinaman. Xunuk nom, xunuk familiya… o‘zim yoqtirmayman. Lekin menga bundan nari shu nomdan qadrli narsa bo‘lmayajak! Yo‘q, kechiringiz, bu nomni menga bergan kishi, albatta, undan qadrliroq! Rahmat sizga, aziz do‘stim. Yana kelib, Miryoqubning bir qo‘lini ikkala qo‘li orasiga oldi va silkitib-silkitib siqdi. «Qanday qizg‘in va yoqimli qo‘llar!..» – Rahmat, aziz do‘stim! «Arzimaydi» deb qo‘yishni bilmaydigan bu go‘l «aziat» butun vujudi bilan yana qaltiray boshlagan edi. Tag‘in ikki qadam orqaga chekildi. Eshik oldiga yetib qoldilar. Buni payqagan xotin orqasiga qaytdi va uni o‘tirishga taklif qildi. – Yo‘q, men ketaman. Eshikni ichidan berkitib o‘tir, tashqariga chiqa ko‘rma… – dedi Miryoqub. Orqasi bilan eshikni ochib yo‘lakka chiqdi. Eshik yana ichidan berkitildi… «Boshqalar uchun yopildi, men uchungina ochiladi bu eshik!» – deb o‘yladi Miryoqub yana. O‘zida yo‘q, yugurganicha zinadan tusha boshladi. Ichkarida o‘z ixtiyori bilan qamalgan yosh juvonning ko‘zlari shu topda sevinch yoshlari ila ho‘llangan edi… – Keling, Miryoqub aka. Kechikib qoldingiz? – Ha, ertaga ertalab qishloqqa jo‘naymiz. Ishlarni bitirishim kerak edi. Oshxonadan uyga o‘tdilar. Zunnunning uyi juda chiroyli qilinib yig‘ishtirilgan edi. Yerda katta yangi gilam, devollarda suratlar, o‘rtada katta stol, oppoq dasturxon, stol to‘la noz-ne’mat, ichkilik… Derazada chiroylik to‘rpardalar. Stol tegrasi to‘la kursi. – Uyingni tanib bo‘lmaydi, Zunnun. Zunnun o‘sha burungi kulishi bilan kuldi. – Hammasi xonimning ishlari… – Bo‘lmasa, sen uylanib nima qilasan? – Bola-chaqa, ro‘zg‘or ko‘rgim keladi. – Bolasi yo‘qlar bolaga qiziqadi. Lekin bolaning «balo» bo‘lgani ham bor… – Yo‘q, Miryoqub aka. Men bolani yaxshi ko‘raman! – Xo‘p. Men kurortdan kelay, darrov to‘yingni qilamiz. – Tezroq keling, ishqilib… – Qani, hech kim yo‘q-ku? – Kelishadi. Xonim keladilar… – Boshqa? – Boshqa yo‘q. Xo‘jayin jo‘nab ketdi. Uni ham chaqirib edim, uzr aytdi. «Bizning kichkinagina bir hayitchamiz bor, xo‘jayin, Miryoqub akamlar keladilar» – dedim; «Mening o‘rnimga xonim borib bir piyola choyingni ichib, Miryoqub bilan gaplashib keladi» – dedi. Xonimga mening o‘z oldimda tayinladi. Xonim, men sizga aytsam, erining oldida noz qilgan bo‘ldi. Peshonasini uqalab, bo‘shashgan bo‘lib, «boshim og‘rib turibdi…» deydi. «Boshing og‘risa, piramidon ichib, jindak uxla, kechgacha yozilib ketasan. Zunnunni o‘ksitma!» – dedi xo‘jayin. Bo‘lmasa, undan ilgari xonim bilan gaplashib, gapni bir joyga qo‘yganmiz… – Shoshma, – dedi Miryoqub, – u seni yaxshi ko‘radi… seniki bo‘lib qolgan. Men nima qilaman bu yerda? – Qiziq ekansiz, Miryoqub aka. Meni sevsa, erim deb sevarmidi? Yo men o‘sha bilan umr o‘tkazarmidim? Shunchalik gap-da… ermak… Ana, kelayotir. Jindak kayf qilgandan keyin yoniga o‘tib, dadil-dadil tegisha bering. Bu kecha men bu yerda yo‘qman! Tuzukmi? – dedi Zunnun. Chopib chiqib ketdi. Xonim, uning bolasini ko‘targani holda onasi kirib keldilar. Deraza eshiklarining ohistagina taraqlab yopilgani eshitildi. Hammalari Zunnunni qutladilar va stol tegarasiga o‘tirib, uning sog‘ligiga qadah ko‘tardilar. Xo‘jayinning yo‘qligiga achindilar. «Unday olijanob va ko‘ngilchan kishining bu zamonda kamyob ekanini» so‘zlab o‘tdilar. Xonim ikki gapning birida o‘z oilasi a’zolarining odam bolalariga mehribon va ulfat bo‘lganini qayd etib o‘tardi. Xonim hirsli va maylli ko‘zlarini suza-suza Zunnunga qarab olib: – Biz hammamiz Zunnunni yaxshi ko‘ramiz, – dedi. – Bu bizning oilada eng qadrli kishi. Bizning hovlimizga kelgan vaqtida 12 – 13 yashar bola ekan. Endi, mana, kap-katta kishi bo‘ldi. Yaqinda uylab qo‘ymoqchimiz… Shunday-a, Zunnun, azizim? Zunnun uyalib qizardi. – Valya, uyaltirma Zunnunni, – dedi onasi. Zunnun tez-tez ichkilik quyib, ularni ichishga qistardi. Xonim stol ustidagi bir chiroylik shishani Miryoqubga ko‘rsatib: – Eng sevgan likyorim, – dedi. – Mast bo‘lguncha icha beraman… Juda nafis narsa. – Ataylab siz uchun oldim! – dedi Zunnun. – Zunnun mening zavqimni yaxshi biladi… Xonim katta bir sir aytganday qilib tog‘ voqeasini aytdi: – Bilasizmi, biz bunda ichishib o‘tiribmiz. Xursandmiz. Yaxshi do‘stlar to‘planishganmiz. Fedya sho‘rlik nima holdaykin? Bilasizmi, yuz ellikta soldat bilan, to‘p-to‘pxonalar bilan ketdi. Tog‘ odamlari juda mergan keladi. Mening Fedyam, siz bilmaysiz, juda yovyurak narsa. Soldatlardan oldinda o‘zi chopib ketadi… qilichini sug‘urib! Birorta sartiya qirg‘iz mergani otib qo‘ymasin deb qo‘rqaman. Xotya sartlar uni yaxshi ko‘rishadi… O‘zingiz bilasiz, tilni juda yaxshi biladi. Sart kitoblarini o‘qiydi. Sartcha yozadi. Sartlar uni «Parpi to‘ra» deyishadi… Bilasizmi, u o‘zi ham sartlarni juda yaxshi ko‘radi. Yuvosh, qo‘yday xalq, deydi. Qancha jabr ko‘rsa, qiynalsa ham «xudo!» deb tura beradi, deydi. Sartlarning shu dindorligini, ayniqsa, yaxshi ko‘radi. Zunnun xo‘jayinning sog‘ligiga ko‘tardi. Qadahlarning jaranglashidan mukammal bir simfoniya hosil bo‘ldi. – Ilohim, eson-omon qaytib kelsin… Ilohim. Yuragim uzilib ketayotir… Bilasizmi, sartlar ham endi aynib qolishdi. Ko‘p ichkilik ichishadi. Mastlik qilishadi. Yangi shahar buzuqxonalarida bir-biriga pichoq solganlari ko‘p bo‘lar ekan. Mast bo‘lib qolsa, sart juda yomon yovvoyi bo‘larmish… Qani, ko‘taring, Miryoqub, sartlarning sog‘ligiga… Ichdilar. Xonim biroz aljiy boshladi. Biror soat o‘tgach, xonimning onasi o‘rnidan turdi. – Bola uxlab qoldi, endi men ketay. Yaxshi qolinglar! – dedi. Xonim ham turdi: – Endi men ham boray. Kunduzi ko‘p yurib charchabman… Kechir, Zunnun! Zunnun «yo‘q, yo‘q» degan ma’noda qo‘lini chaypadi: – Sizga javob yo‘q, xonim! Siz – xo‘jayin tomonidan vakilsiz. O‘tirasiz bir oz. Hali ko‘p gaplashamiz. Ertaga kunduzi uxlarsiz. – Ha, shunday bo‘lsin! – dedi Miryoqub. Kampir qiziga yuzlandi: – Sen o‘tir, Valya, gaplashib borarsan. Vaqt hali erta, uyga borganing bilan uyqung kelmaydi. O‘zing yolg‘iz zerikasan. – Xayr, mayli, – dedi xonim, – bo‘lmasa, besh minutga ruxsat beringlar. Uylarni berkitib, eshiklarni qarab kelay. Chiqdilar. – Muncha sergap ekan bu xotin? – dedi Miryoqub. – Gramafon-a! – Endi bildingizmi? Juda ochiqko‘ngil narsa. Ichib qizigandan keyin o‘zi ham ochilib ketdi… Miryoqubga yaqin keldi: – Uyni berkitib kelaman dedimi – bo‘ldi. Endi hamma gap o‘zingizda! Miryoqub ham aroq quvvati bilan qizisha boshlagan edi… Xonim kelib kirib, uyning kalitini deraza tokchasiga qo‘yganda, ikkala erkak uni chapak bilan olqishladilar. Yana ichish boshlandi. Mastlik avj olardi. Xonim bir to‘xtamay gapirardi. Miryoqub o‘ziga tanish «imperiya»ni yana necha marta eshitdi. Faqat, endi undan osonroq gapni ham anglaydigan holda emasdi. Ko‘zlari cho‘qqa aylangandi. Xonimning ko‘zlari esa suzilib yumila boshlagan edilar. Faqat, ayyor Zunnun boshqalarni ko‘proq ichirib, o‘zi kamroq ichar, hushyorligini qo‘ldan bermasidi. – Turing o‘rningizdan, Miryoqub aka! – dedi u. – Xonimning yonlariga o‘ting. Zerikmasinlar… Miryoqub biroz dovdiranib xonimning yoniga o‘tdi. – Mumkinmi, xonim? Xonim ko‘zi bilan yonidan joy ko‘rsatdi: – Pojasta… Miryoqub o‘tirar-o‘tirmas qo‘lini xonimning yelkasiga tashladi. Xonim og‘irlashgan boshini burib, mast ko‘zlari bilan eshik tomonga qaradi. Zunnun uyda emasdi. Shundan so‘ng yana Miryoqub tomoniga burilib, qo‘lini uning yelkasiga tashladi. Yana ichdilar… Xonim hamon so‘zlardi. Faqat, so‘zlari tomchilab tomizilayotgan dori singari bitta-bitta to‘kilib borardi. Xonim tamom mast bo‘lgan ko‘zlari bilan goh-goh eshik tomonga qarar, Zunnunning kirishini kutardi. Zunnun kirmadi. Yana ichdilar… Yana ichdilar… Miryoqub sharpa sezib ko‘zini ochgan vaqtda, xonim oyna qarshisida sochlarini tuzatmoqda edi. Miryoqub o‘rnidan turmoqchi bo‘lib yostiqdan boshini ko‘tardi. Xonim darrov orqasiga burilib, uni ko‘rgach… qizarib kuldi. – Shoshmay tur, Miryoqub, azizim, – dedi. – Men chiqib ketay, so‘ngra turarsan. Qarama menga… So‘ngra sekin kelib kartga o‘tirdi: – Endi men uyga boray. Ko‘p ichib qo‘yibmiz, boshim og‘rib yotir… – dedi, labini Miryoqubga uzatdi. – Ko‘rishib turaylik, – dedi Miryoqub. Xonim ochilib kuldi: – Jonim bilan… – dedi eshikdan chiqa turib. Miryoqub kiyinib tashqariga chiqqan vaqtida tong yorishib kelardi. Oshxonadan Zunnunning besaranjom xurragi, yiroqlardan xo‘rozlarning cho‘zib-cho‘zib chaqirishlari, hovli tomondan ochilayotgan eshikning sharpasi eshitilardi… Hamma uyquda… Miryoqub ko‘chaga chiqdi. Doim bir-ikkita izvosh to‘xtaydigan joyga – uyezd mahkamasining narigi muyulishiga bordi. O‘ndan ortiq izvoshchilarning qator-qator chizilib turganlarini ko‘rdi. To‘g‘ri borib bittasiga chiqdi. Izvoshchi unga tomon burilib: – Tushing, aka, biz bandmiz, – dedi. Naridan rus mirshab qichqirdi: – Kim u? Tush aravadan! Miryoqub izvoshdan tushdi. Hayron bo‘lib u yoq-bu yoqqa qaradi. Mirshab yetib kelib, izvosh fonarining mazasiz yorug‘ida uning yuziga qaradi. Tanigan bo‘lsa kerak, sizlab gapirdi: – Bu yerda turmang, aka. Bu izvoshlar band. Yarador soldatlarni lazaretga olib borishadi. Miryoqub boshini chaypay-chaypay, eski shaharga – hammomga tomon piyoda yo‘l soldi. Boshi og‘irlashgan, garang, qovoqlari toshday qotib ketgan, tizzalari o‘z-o‘zidan bukilib borardi. Uning miyasida yana ikkita Miryoqub paydo bo‘ldi: biri – tergovchi, yana biri – javobgar. Eski shahar bilan yangi shaharning orasi yiroq edi. Uyushgan, majolsiz va bo‘shang oyoqlarini sudrab, eng yaqin hammomga yetib borgunicha tong otib, ko‘cha-ko‘yda odamlar o‘rmalasha boshladilar. Lekin qancha ezilgan bo‘lsa ham Miryoqub yo‘lning uzoqligini sezmadi. Chunki miyasi ajib bir quvvat bilan harakatga kelgan va zolim tergovchi borgan sari zabtini oshirib tergardi: – «Xo‘sh, Miryoqub, kayfing qalay?» – «Joyida… Kayfim joyida…» – «Yolg‘on gapirma, Miryoqub. Sen tergovchi qoshidasan. Biz ko‘nglingda yozilganlarni baralla o‘qib turibmiz. Veksildan yo yer vasiqasidan sen qanday kopiya olsang, biz ham sening ko‘nglingdan o‘shanaqa kopiya olganmiz. Shu uchun rostini ayta bersang – o‘z hayriyating. Baribir bizni yolg‘on gapga ishontirolmaysan. Xo‘sh, gapir: kayfing qalay?». – «Kayfim uncha joyida emas…» – «Habbarakalla, gapir, gapir!» – «Ta’bim kir, ko‘nglim aynigan, allanarsadan jirkangan kabiman…» – «Allanarsadanmi? Yo allakimdanmi?» – «Bilolmadim». – «Yaxshiroq o‘yla. Allakimdan bo‘lmasin?» – «Allakimdan desam ham bo‘ladi. Lekin kimligini bilolmayman». – «Bilolmasang, biz yordamlashamiz. Menga qara, kimdan jirkanasan? Miryoqubdan emasmi? Nega indamaysan? Nega daming chiqmay ketdi? Biz to‘g‘ri aytgan ekanmiz, bo‘lmasa? Shundaymi?» – «To‘g‘ri aytdingiz, Miryoqubdan jirkanaman…» – «Haqqing bor, haqqing bor! Miryoqub qancha balandparvoz bo‘lgani bilan, o‘z bo‘yidan ortiq ko‘tarilolmaydi. Chunki u – bir it! Olchoq, past va ayanch bir it! U o‘z-o‘zini goh arslon rangiga, goh qoplon rangiga, goh sher va goh er bo‘yoqlariga bo‘yab ko‘rsatadi. Faqat, ohakka ag‘anab kaptarlar orasiga kirgach, yana o‘z ovozi bilan «g‘o-og‘, g‘o-og‘!» deb yuborgan go‘ngqarg‘a singari uning asil itligi barala ko‘rinib turadi. Doim ko‘rinib turadi. Miryoqub Akbarali mingboshini haqir ko‘radi, xo‘rlaydi, uning itlanishidan kuladi. Uyalmaydi Miryoqub, xijolatidan yetti qat yer ostiga kirib ketmaydi. O… uni yer ham o‘zining mahram qo‘yniga olishdan tortinadi, chekinadi!..» – «Men o‘zimni tergovchi oldida deb bilib, faqat savollarga javob berishga tayyorlangan edim. Endi ko‘ramanki, o‘sha tergovchining o‘zi qoralovchi sifatida chiqa boshladi. Men nima qildim endi? Qaysi biriga nima dedim?» – «Sen jim tur, Miryoqub! Biz kerak bo‘lganda so‘roq so‘raymiz, kerak bo‘lganda qoralash nutqi bilan o‘rtaga chiqamiz. Sen chidab tur, Miryoqub! Senga Miryoqubni himoya qilishga yo‘l qo‘yiladi. Sen hali so‘z olasan, gapirasan. Shoshilma! Shoshma! Vaqtini, soatini kut! Har narsaning vaqti bor! – «Men munday tergovchi va munday qoralovchiga javob bermaslikka o‘zimni haqli sanayman!» – «Nima deding, qahramon Miryoqub? Hali tergovchi bilan qoralovchiga e’tirozing, noroziliging ham bormi? Sabab?» – «Ko‘p odamlar ot bilan xachirni ajrata olmaydilar. Bunga hech narsa deb bo‘lmaydi. Bu – mumkin, chunki ular bir-birlariga o‘xshab keladilar». – «Xo‘sh, xo‘sh? Qani, gapir-chi!» – «Ammo ot bilan eshakni ajratolmaydigan odamlar adolat mansabiga o‘tirib birovni tergamasin va qoralamasinlar. Bunga ularning haqlari yo‘q!» – «Xo‘sh, Miryoqub, gapir! Bu xilda gapirishing bizga yoqadi… Xo‘sh, nima demoq istaysan?» – «Akbarali mingboshi bilan tenglashtiriluvimga, hatto u bilan – qay darajada bo‘lsa ham – muqoyasa qilinuvimga qattiq norozilik bildiraman! Haqorat bu, so‘roq emas!..» – «Ko‘nglingni to‘q tut, azizim: Miryoqub bilan Akbarali mingboshi o‘rtasida yer bilan osmon qadar farq borligiga biz qattiq ishonamiz! Akbarali – boshqa odam, Miryoqub – butunlay boshqacha odam…» – «Bu izohdan so‘ng men qoniqdim. So‘rog‘ingizda davom etingiz!» – «Sen qoniqqan bo‘lsang, u – o‘z ishing. Qoniquvingda bo‘l! Ammo biz hali qoniqqanimiz yo‘q». – «Ya’ni?» – «Biz Akbarali mingboshini Miryoqubdan ko‘ra odamroq deb bilamiz…» – «Nima, nima?!» – Miryoqubning nafasi bo‘g‘ziga kelib tiqildi. – «Afsuslar bo‘lsinki, bu – shunday!» – «Nega shunday bo‘ladi? Nega?» – Miryoqub sherday o‘kirardi. – «Miryoqub! Sen shu kechani qayda va kimning qo‘ynida o‘tkazding?» Miryoqub tutilib qoldi. Qizardi, bo‘zardi… Qochmoq istardi. O‘zidan o‘zi qochib ketmoqchi bo‘lardi… Yo‘q, kishi o‘zidan yiroqlasholmaydi! – «Gapir, Miryoqub! Ko‘nglingdan olingan kopiya ko‘z oldimizda… Gapirganing, iqror qilganing yaxshi!» – «… Men bu kechani noyib to‘raning hovlisida o‘tkazdim… Uning oshpazi Zunnun aka ziyofatga chaqirib edi». – «Shu xolosmi? Yo yana bormi?» – «Shu xolos… Ertalab mahkama oldiga chiqsam, tog‘ tomondan yarador soldatlar kelganini aytdilar…» – «Rahmat, Miryoqub! Bu xabarni biz hali eshitishga ulgurganimiz yo‘q edi… Rahmat senga. Faqat, sen bizga aytib ber: kechani kimning qo‘ynida o‘tkazding?» – «Men anglayolmadim… Tong yorishganda uyqudan ko‘zimni ochsam… o‘zim kartdaydim, yaqinimda noyib to‘raning xotini turgan edi. Kechasi ko‘p ichgan edik, nima bo‘lganini bilmayman…» – «Sen demoqchi bo‘lasanki, u ishlar hammasi ixtiyorsiz bo‘ldi, sen o‘zing istaganing yo‘q. Shundaymi?» – «Shunday!» – «Seni qilich yalang‘ochlagan mirshablar o‘rab kelib o‘sha xotinning qo‘yniga tashlab yubordilarmi? Bechora Miryoqub! Senga jabr bo‘libdi. Zindonga tashlabdilar seni! Shundaymi?!» – «Yo‘q! O‘zim – o‘z oyog‘im bilan keldim… O‘zim istab otildim u xotinning quchog‘iga!» – «Ichkilik olish uchun pul ham berding?!» – «Berdim!» – «Xotin kiyinib chiqib ketarkan, «ko‘rishib turaylik» degan kim edi? Bilmaysanmi?» – «Men edim». – «Xotin «jonim bilan» deganda, sevingan kim edi?» – «Men edim». – «Miryoqub! Adolat tilida shu fe’lni «bosqinchilik» deb ta’rif qiladilar: «o‘zga kishining xotiniga bosqinchilik qilish!» Akbarali mingboshi butun umrida shunday bir ish qilganmi? Bilmaysanmi?» – «Qilmagan bo‘lsa kerak. Bilmayman…» – «Barakalla! Akbarali mingboshi senga kim bo‘ladi?!» – «Otaxon. Valine’mat…» – «O‘shaning orqasida katta davlatga erishdingmi? Ko‘nglingdan olingan kopiya qo‘limizda, gapir!» – «Erishdim». – «Xo‘p. Poshshaxon degan nomni eshitganmisan?» – «Bilmayman. Yo‘q!» – «Yaxshilab o‘yla. Juda yaxshi bilasan!» – «Ha, bilaman!» – «Kim u?» – «Akbarali mingboshining, agar yanglishmasam, ikkinchi xotini». – «To‘g‘ri aytasan. Endi sendan eshitmoqchimiz: u ham birovning xotini edi, uning eri, o‘z iqroringcha, hatto otaxoning, valine’mating edi. Uni nega yo‘ldan urding?» – «Siz menga tuhmat qilasiz! Men uni yo‘ldan urganim yo‘q!» – «Qizimay gapir. Biz senga quloq beramiz. Nechuk sen uni yo‘ldan urmading? Sen bilan o‘ynashib yurganidan tonasanmi?» – «Tonmayman. Haqiqatda meni yo‘ldan urgan u o‘zi bo‘ldi…» – «Nechik?» – «Ruxsat etsangiz, men birinchi voqeani aytib bersam…» – «Bizga haqiqatni bilish kerak. Bo‘lgan gapni aytib ber!» Miryoqub bir-ikki yo‘taldi, u yoq-bu yoqa qarab oldi, so‘ngra so‘zga boshladi: «…Mingboshining boshqa hamma xotinlari kabi u ham mening oilam bilan borish-kelish qilib yurardi. O‘zimizning sartiya rasmi bo‘yicha, har bir zarurat ko‘rilganda, dasturxon qilib kelib bir-birlarini yo‘qlab turardilar. Bundan, chamalab aytganda, to‘rt-besh oy burun, erta bahor fasli edi, shekilli, xotinim menga «mingboshi dodxoning ikkinchi xotinlari Poshshaxon muncha yaxshi juvon ekan! Bizga shunday mehribonki, sira qo‘yaqoling. Tez-tez dasturxon qilib keladi. O‘tirib, gaplashib, ba’zi kunlari yotib ketadi» dedi. Men «mingboshi dodxo bu bechoraga javr qildi. Yosh narsa, eri hech xabar olmasa… zerikib siqilganidan keladi-da» dedim. Xotinim bu fikrimni to‘g‘ri topdi. Bir kun kech payt – shomga yaqin, boshida dasturxon, darvozadan kirib keldi. Men tashqarida – mehmonxona ichida bo‘lganimdan tezgina derazaga yaqin kelib qaradim. Paranjisidan va yurishidan bildimki, o‘sha edi. Men kavshimni kiyib tashqariga chiqqunimcha, u ichkariga o‘tib ketdi. Orqasidan dumma-dum kirdim. Ichkarida hech kim yo‘q edi. U yoq-bu yoqni qaradi. – Voy, hech kim yo‘q-ku! Bular qayerga ketishib qoldilar ekan? – dedi. – Bolalarini olib onasinikiga ketdi, – dedim men. – Voy, o‘laqolay, sizmisiz? Men bilmabman, bir borib, gaplashib yotib kelay debman. Esizgina… Tashqariga tomon chiqa boshladi. Men ham orqamga burilib, undan burunroq tashqariga chiqdim va ayvoncha oldida to‘xtadim. U ham tashqariga chiqib devolga yaqin bir joyda to‘xtadi. – Esizgina… Gaplashib yotib ketay deb kelib edim, – dedi yana. – Zerikdim… Aytgancha, qachon kelishadi? Endiyoq kelishib qolmasmikan? – Kelsa, ertaga kechqurun keladi. Undan burun kelmaydi. – Qachon ketib edi? – Kecha kechqurun… – To‘vba! Bilmabman… attang… Yana qaytib o‘sha uyga boraman ekan-da. O‘laqolsin… U yoq-bu yoqqa qaradi. – Voy, o‘laqolay, qorong‘i tushib qoldi. Endi qandoq qilib uyga ketaman ekan? Yolg‘iz o‘zim qo‘rqib o‘laman… – Men birga olib borib qo‘ysam bo‘lmaydimi? – Voy! Ko‘cha-ko‘yda ko‘rganlar nima deydi? Shundan keyin bu xotinning to‘g‘ri niyat bilan mening uyimga kelganiga gumonsirab qoldim. Shu gumon menga dadillik berdi. Endi gap boshlayman deb edim, u o‘zi so‘rab qoldi: – O‘zingiz yolg‘iz qoldingizmi? – Qandoq qilaylik?.. – Bechora… yolg‘izlik qursin! O‘zingiz bilasiz, boshimdan o‘tgani uchun aytaman. – Dasturxoningizda nima bor? – Jindak manti qilib kelib edim. Bu xotinning bir g‘arazi borligiga borgan sari ishonchim ortdi. Men ham o‘zlaringga o‘xshagan odamman… itligim qo‘zg‘aldi. – Mantiga juda ustasizlar… bilaman. Attang, biz yeyolmas ekanmiz-da, – dedim men. – Nimaga yeyolmaysiz? Mang, mehmonxonangizga olib kirib yeng. Osh bo‘lsin! Sizga deb pishirganman… Dasturxonni olay deb unga tomon bora boshladim. Birdan: – Voy, o‘laqolay! – dedi. – Darvozangiz kap-katta ochiq! Ko‘chadan o‘tganlar gaplashganimizni shundoqqina ko‘rishib turibdi. Berkitib qo‘ysangiz bo‘lmaydimi? Holbuki, uni darvozaning bir qanoti to‘sib turardi, ko‘chadan o‘tganlar faqat menigina ko‘ra olardilar. Bundan tashqari, o‘sha paytda ko‘chadan ham hech kim o‘tgani yo‘q. Men ko‘rib turibman. Shu gap, shu muomila, shu himolardan keyin maqomiga yarasha javob qilmasam… yo farishta bo‘lardim, yo – jinni! Darvozaning narigi qanotini ham yopib ichidan zanjirlab qo‘ydim. Shaytonning ham qo‘lidan kelmaydigan bir kulish bilan kuldi: – Voy, o‘laqolay, qamalib qoldim-ku… – dedi. Boshidan dasturxonni oldim. – Qani, yuring, – dedim, – charchagandirsiz… jindak dam oling. Ovqatni birgalashib yeylik. Undan keyin biror maslahati topilib qolar… Bir-ikki qadam bosib to‘xtadi. – Hay, shoshmang. O‘zingiz yolg‘izmisiz? – Ha, yolg‘izman. – Rostdan-a? – Non ursin! – Qarg‘anmang… yomon bo‘ladi. Yolg‘iz bo‘lsangiz, sizga bir-ikki gapim ham bor edi… Otaxoningizdan dod demoqchi edim… Dadil bosib orqamdan kirdi. Mehmonxonada chirog‘ yoqilmagan, qorong‘i edi. Eshikdan kirgach to‘xtadi. Dasturxonni tokchaga qo‘yib: – Qani, o‘tiring! – dedim. – Voy, o‘laqolay! Eshigingiz, derazangiz katta ochiq… o‘tirib bo‘ladimi bu yerda? Darrov borib derazani berkitdim. Mehmonxona eshigini ham ichidan zanjirladim. Chirog‘ni yoqib edim, yana qichqirdi: – Xotiningiz xotin emas ekan! – dedi. – Deraza degan pardasiz bo‘ladimi? Shunday ko‘rinib turibdi… Derazaga parda to‘sdim. – Mana, endi o‘tiring! – Mana, endi… Endi… endi… Shu so‘zni cho‘zib-cho‘zib uch marta qaytardi, so‘ngra birdaniga: – Siz o‘z akamsiz-ku! – dedi. – Sizdan qochib o‘tiramanmi? Toza paranjisini iflos obrezga irg‘itdi. Ertasi kuni tushga yaqin dasturxonni ko‘tarib mening mehmonxonamdan chiqib ketdi»… – «Poshshaxonning men bilan birinchi uchrashuvi shu xilda bo‘ldi. Men bo‘lgan gapni gapirdim». – «Bu hikoyada yolg‘oni yo‘q. Biz unga ishonamiz. Biz…» Bu «biz» so‘zi tergovning boshidan beri juda ko‘p takrorlandi. Bu hol natijasida Miryoqub o‘zini chinakam sud so‘rog‘i oldida to‘xtaganday seza boshladi. Uning xumor bilan kuyib yongan miyasi shoshilish poyezdning o‘txonasiday tez va soat mexanizmasiday muntazam ishlardi. Sud oldida to‘xtaganiga o‘zi ishongan va sudning har holda o‘ziga xayrixoh kishilardan, ya’ni badavlat odamlardan iborat bo‘lganini bilgan Miryoqub endi dadillandi: har bir savolga ochiq va o‘zicha to‘g‘ri javoblar bera boshladi. Badavlatlar sudi unga yomon ko‘z bilan qaramasligi ma’lum, negakim, badavlat odamlar qancha ko‘p davlatga ega bo‘lsalar ham, yana pul-davlat degan narsaga loqayd qarayolmaydilar… Pul degan narsa Miryoqubda oz emas. Hali bu tergovchilarda har bir bandada bo‘ladigan «muhabbat» (mullajiring muhabbati) yo‘q deb kim ayta oladi? – «Biz Poshshaxon voqeasida, shu birinchi ko‘rishuvning hozirlanishi va yuzaga chiqishi ustida seni ayblamaymiz. Xuddi shu bir parcha voqeada sening aybing yo‘q! Ammo-lekin biz Poshshaxonni ham ayblamoqchi emasmiz. U shunday qilishga majbur edi. Boshqa ilojini topolmadi u yosh juvon… Senga kelmasa, boshqa birovga borar edi. Holbuki, senga kelish osonroq… Bu yerda ayb boshlicha mingboshiga tushadi. Shu bilan birga, Poshshaxon ishida biz seni butunlay ayblamasdan o‘tolmaymiz…» – «Nima, nima?» – «Tinch bo‘l, Miryoqub! Avvalo, sen mingboshiga, uning mashru’ xotiniga xiyonat qilgan bo‘lmasang, har holda, o‘z xotiningga xiyonat qilgansan…» – «Bu foniy dunyoda o‘z xotiniga xiyonat qilmagan erkak bormi o‘zi? Bizning sartiya o‘rtasida o‘z xotini, hatto ikki-uch xotini ustiga «bola» asraganlar kammi? Xotinimga xiyonatim – birinchi emas, minginchi!.. Ko‘nglimning kopiyasini yaxshiroq o‘qingiz!» – «Yaxshi, u jihatga ham ko‘z yumaylik. U to‘g‘rida hech birimizning peshonamiz oq emas… Faqat, Poshshaxonni o‘sha nomashru’ munosabat yo‘lidan to‘xtatib qolish, unga mingboshidan chiqib ketib boshqa – o‘zi teng bir erga tegib rohat yashov imkonini berish sening qo‘lingdan kelardi… Sen shuni qilmading! Sen…» – «Shoshmang, taqsir, shoshmang! Nechik mening qo‘limdan kelardi?» – «Bizning savollarimizga kalta-kalta va to‘g‘ri javob bersang, masala o‘z-o‘zidan ochiladi. Butun dunyoda mingboshiga gapi o‘tadigan bir kishi bo‘lsa, u ham sensan deb o‘ylaymiz biz. To‘g‘rimi?» – «To‘g‘ri!» – «Poshshaxon bir odam orqali mingboshiga yolvordi: «Menga javob bering, boshqa er qilay. Hali yoshman, ko‘nglimda orzu-havaslarim bor. Qolgan umrim xazon bo‘lmasin!» – dedi. O‘sha odam shu gapni mingboshiga eshitdirganda, sen ham bor eding. Yolg‘onmi?» – «Rost!» – «O‘shanda mingboshi nima dedi?» – «Esimda yo‘q!» – «Ko‘nglingda yozilgan gaplarni eshit bo‘lmasa: mingboshi juda keskin javob berdi: «Menga xotin bo‘lgan kishi boshqa birovga ham xotin bo‘lsa, men el-xalq orasida qanday boshimni ko‘tarib yuraman? Mening qo‘limga tushibdi, taqdirga tan berib o‘tirsin. Mendan javob yo‘q! Mendan bejavob ketib ko‘rsin, qani?» Javobini tugatar-tugatmas kelgan odamni haydab chiqardi. Yolg‘onmi?» – «Rost!» – «Sen o‘shanda biror og‘iz bir narsa dedingmi? Desang, mingboshi ko‘narmidi?» – «Demadim, ehtimol, ko‘nardi…» – «Nega demading?» – «Ochiq ayta beraymi?» – «Albatta!» – «Poshshaxon bilan tanishganimdan keyin men uni mingboshidan chiqmaslkkka ko‘ndirgan edim…» – «Albatta, loaqal haftada bir marta ko‘rishib turar edingiz. U sendan xursand edi. Faqat, sen nima uchun uni mingboshidan chiqmaslikka ko‘ndirding? Maqsading nima edi?» – «Otaxonimning ko‘p uzoq yashayolmasligini yaxshi bilardim. Yuragida kasali bor… So‘ng vaqtlarda qiynalibroq nafas oladi…» – «Bilamiz, bilamiz. So‘zingni kalta qil!» – «Qazo yetib o‘laqolsa, Poshshaxonga uylanmoqchi edim… chunki mingboshidan tegadigan meros chakana bo‘lmasidi…» – «Yaxshi, juda yaxshi… Katta merosga ega bo‘lishni hammamiz ham istaymiz… Bu mashru’ niyat. Faqat, mingboshining u katta davlatiga, har holda, besh merosxo‘r bor. Birgina Poshshaxonga tekkani seni qanoat qildirardimi? Sen, axir, o‘zing ham badavlat odamsan!» – «Mening hech bir kasbim bo‘lmasa, savdo-sotiq qilmasam, qizil qog‘oz olgan bo‘lmasam… ozgina yer-suv bilan nechik badavlat bo‘layin?» – «Bizni aldayolmaysan, Miryoqub! Biz seni nihoyat darajada hurmat qilamiz. Bugun huzurimizga olib kelib so‘roq qilganimiz uchun sendan kechirim so‘rashgacha boramiz. Sen – bizning olamimizda ulkan kishilardansan. O‘ruslar senga o‘xshaganlarni kitoblarda maqtaydilar. Sening hamma hunaring – yeng ichida ish ko‘rib, shuncha pul topishingda. Sen zavod parraklarini aylantirayotgan kishisan. Faqat, bir joyga bir chaqa soliq to‘lamaysan. Shunday bo‘lgandan keyin, senday ulug‘ bir odam bir ishni chuqur o‘ylamasdan qilmaydi. Haligi masalada bizga haqiqiy planingni aytib ber!» – «…Nima desam? Hayronman… Boringki, mingboshi o‘lishiga yaqin uning Poshshaxondan boshqa merosxo‘ri qolmasligi kerak edi. Yo bo‘lmasa vasiyatnoma bo‘yicha hamma meros o‘shaning nomiga yozilardi…» – «Biz ishonamizki, bu narsa sening qo‘lingdan kelardi! Yaxshi, Poshshaxon masalasida biz seni ayblashdan voz kechdik. Bizning olamda munday dadil niyatlarni qoralash emas, oqlash kerak!» – «Rahmat! Endi menga ruxsatmi?» – «Yo‘q. Jindak shoshma! Biz seni noyib to‘raning xotini to‘g‘risida chinakamiga ayblamoqchimiz! Biz…» – «Yo‘q, taqsir! Poshshaxon masalasida meni oqlagan mahkama bu masalada qoralayolmaydi. Mantiq degan narsa bor…» – «Xo‘sh, gapir!» – «Poshshaxon masalasida xiyonatim katta edi: ham mingboshiga, ham uning to‘rt merosxo‘riga… Unutmangizki, shu to‘rt kishi ichida Fazilatoy singari balog‘atga yetmagan qiz bola, umr bo‘yi mingboshiga xizmat qilib o‘tgan Xadichaxon bor… Bu katta xiyonat edi! Bu ishda meni oqladingizmi?» – «Oqladik!» – «Unday bo‘lsa, ikkinchi ish to‘g‘risida bir emas, ming marta oqlashingiz kerak! Nega desangiz, imperiya – oq podshodan, noyib to‘radan va uning pogonidan iborat ekan. Shuncha ming fuqaroning va ham biz singari bebuzoat bechoralarning ixtiyori, o‘zingiz bilasizki, noyib to‘rada, ya’ni «pogon» egalarida, ularning butun inon-ixtiyori esa xotinlari qo‘lida bo‘lar ekan. Poshshaxon – katta merosga ega bo‘lish uchun bir qurol edi; meros – davlat demak, davlat – pul demak. Imperiya – «pogon» demak; «pogon» shunday narsaki, doim «pul, pul, pul!» deb turadi. Ko‘plar uning so‘raganini, ya’ni pulni beradilar, qaytib hech narsa olmaydilar. Holbuki, ish bilgan kishi pogon «pul» deganda besh so‘m berib, uni – o‘sha pogon yordami bilan – besh yuz so‘m qilib oladi. Men shunaqa ishlarga o‘zimni epchil deb bilaman… Kecha kechasi noyib to‘ra xotinining mast lablariga qo‘ndirilgan mast o‘pishning yolg‘iz birgina ma’nosi bor edi: pul! Taqsirlar, men noyib to‘raning xotini bilan aysh-u ishrat qilmadim, o‘lay agar! U bizning ish ustidagi birinchi uchrashuvimiz, o‘z tilimizda aytsak, birinchi bay ochishimiz edi!..» Shu so‘zlardan so‘ng boyagi tergovchi va so‘roqchilar go‘yo o‘z-o‘zlaridan erib yo‘q bo‘ldilar. Sud zali bo‘shab qoldi. Miryoqub ko‘zini ochdi: Hammom miyon xonasining yon gumbazlaridan biri. Xodmigarning bo‘z lungisi tanga dag‘al-dag‘al urinadi… Boshida mushtday qattiq lungi-yostiqcha… Yonida – bir choynak ko‘kchoy… Miyada – sud majlisi, noyib to‘ra xotini, nomerda kutib yotgan moviy ko‘zli dilbar… Allaqaydan mungli, hasratli bir ashulla ovozi hammom aksi sadosi bilan jaranglab eshitiladi: «…Musulmonning ishi kofirga tushdi-ey, yo-o-r, yo-o-r-larim…» Kecha va kunduz — 11-bob Kun botishga borayotgan vaqtda «otaxon» bilan «bolaxon» katta darvozadan kirib bordilar. Ayvonda ag‘anab yotgan Hakimjon mingboshini qo‘yib Miryoqubga arz qildi: – Yurtda hali hozir tinchlik. Unaqa zo‘r degunday ish yo‘q. Mayda-chuyda arizalar ko‘p, albatta. Ularning ko‘pini o‘zim to‘g‘rilab yubordim. Besh-to‘rtta kattaroq arizalar bor, ularni o‘zimcha hal qilishga botinolmadim. Ichkarida ahvol tuzukka o‘xshaydi. Yangi kelinning otasi ikki kecha yotib, bugun sahar jo‘nab ketdi. Qizi, aftidan, ancha yumshargan, shekilli: katta kundoshlari tomonidan ham harakat katta… Har kun qorilar kelishib, «chillayosin» o‘qilib turadi… Xo‘jayin ketganlaridan beri kelinchak o‘zi ham tinchib qolganga o‘xshaydi. Tutqaloq tutmas emish. Bilmadim, xo‘jayin keldilar, yana boshlanmasa… Kunduz kunlari kulib, dutorni sayratib, ashulla ni baland qo‘yarmishlar. Aytgancha, xo‘jayinning uchinchi xotinlari – Sultonxon ham otasinikidan kelib qolibdi. «Hamma baloni o‘sha qildi» derdilar, o‘zi ham juda bo‘g‘ilib, nima qilishini bilmay, o‘tiradigan joy topolmay yurar ekanmish. Endi birdaniga juda boshqacha bo‘lib kelibdi. «Hamma hayron» deydi. Katta kundoshlari uning bu xilda o‘zgarishiga sabab topolmasdan hayron bo‘lishar emish. Darvozadan – xuddi yaqin o‘rtog‘ini ko‘rgali kelgan qizday – kulib va quvnab kirib, to‘ppa-to‘g‘ri kichik kelinning yoniga kirgan emish. Kechagina qarg‘ab, so‘kib, «o‘ldirsam!» deb yurgan kundoshini o‘pib, quchoqlab, silab-siypab bir nafasda ikkalasi «qalin do‘st» bo‘lgan emishlar. Endi kichik kelin ham tez-tez «Sultonxon ayam qanilar?» deb so‘rab turarmish. Bu kichik kelinning kelishi o‘sha Sultonxonning boshida bo‘layotgan nayranglar emasmi? Nega bu xotin munday qiladi? Hayronman, Miryoqub aka! – Hayron bo‘lmay qo‘yaqol! – dedi Miryoqub. – Xotin kishining ko‘nglini xudodan boshqa hech kim bilmaydi. Birdaniga munday o‘zgargan bo‘lsa, tagida bir gap bor. Ishqilib, mundan qo‘rqqulik!.. – Shunga hayronman-da! – dedi yana Hakimjon. – Men boshqa narsaga hayronman, – dedi Miryoqub. – Men Hakimjonning mingboshi dodxoga beshinchi xotin bo‘lib tegmaganiga hayronman. – Tilingiz qursin, Miryoqub aka! Shu ham gapmi endi? – Qayerdan bilding bo‘lmasa buncha ikir-chikirni? Bu hammasi xotin kishi biladigan gaplar. – E, Miryoqub aka! Siz xo‘jayin bilan birga, yurasiz shaharma-shahar, qishloqma-qishloq – kayf qilib! Men bo‘lsam, qoqqan qoziqday shu joydan bir qarich jilolmayman. Ish bo‘lsa ham shu yerdaman, ish bo‘lmasa ham. Bo‘sh vaqtim ko‘p… zerikaman. O‘tgan-ketgan xotin-xalajni, qiz bolalarni to‘xtatib gapga solaman. «Birga ming qo‘shib» uzatishadi. Ayniqsa, mening bir do‘stim bor: Umrinisabibi degan. Bahrining onasi bor-ku? Ko‘p gapni o‘shandan eshitdim. – Qo‘y endi, kechqurunning maslahatini qilaylik. Bugun kechqurun kuyovni bir ish qilib suyganiga qovushtirmasak bo‘lmaydi. Juda alangasi osmonga chiqib ketdi! O‘zi ham xunuk ish bo‘ldi. El og‘ziga tushsa yomon bo‘ladi. – Albatta. Hali ham uncha-muncha gap-so‘z yo‘q emas. Yangi kelinni ancha bo‘shashib qolgan deyishadi. Xadicha xolam bilan gaplashib ko‘ring. Miryoqub darvoza oldiga borib Xadichaxonni chaqirdi. Xadichaxonning aytgan gaplari Hakimjon bergan ma’lumotning ayni o‘zi edi. Miryoqub kulib qo‘ydi… Miryoqubning fikricha, endi nozli kelinga mingboshining shaharda izhor qilgan fikrini, ya’ni uning faqat dutor va ashulla ga oshiq bo‘lganini, itlik tug‘yonlari to‘g‘risiga kelganda, ularni astoydil no‘qtalashga bel bog‘laganini eshitdirilsa, balki, qiz ham «yo‘q» demasdi; birinchi uchrashuv tutqaloqsiz o‘tib olsa, undan keyin oson bo‘lardi. Bu mulohazani Xadichaxonga eshitdirdi. Muni eshitgach, Xadichaxon uzil-kesil o‘z fikrini bildira qo‘ydi: – Unday bo‘lsa, ish jo‘n, – dedi. – Hozir kirib gaplashaman. Kechgacha xayriyatlik xabarini eshitdirarman. Siz ayvonga, kuyovning yonlariga boring: jindek ovqat boridi, hozir chiqaraman. O‘rnidan turgach, bir ko‘zining bir chekkasi bilan Miryoqubga qaradi: – Sizga javr bo‘ldi, Miryoqub! – dedi. – Mingboshi dodxo xuddi bir go‘dak bola, siz – ona… Siz bo‘lmasangiz, ochidan o‘ladi u kishi… Ovqatdan so‘ng bir-ikki choynak choy ichildi. Hakimjon bir-ikkita ariza ko‘tarib kelib, mingboshidan fikr so‘radi. – Sira esing kirmadi-da, Hakimjon! – dedi mingboshi. – Shu topda ariza quloqqa kiradimi? Qulog‘im – ichkarida! Ertagacha turatur, bir-ikki kun kechiksa, hech balo bo‘lmas! Juda shoshilsang, ana, ana u betavfiqdan so‘rayqol! Xadichaxonning chaqirishi bilan eshik oldiga borib bir nafasda yana qaytgan Miryoqub mingboshining yelkasiga qoqdi. Mingboshining ikki ko‘zi undan uzilmasdi. – Suyunchi bering, xo‘jayin! Bugun, mana, ashulla eshitasiz. – Shukur-ey! Shukur-ey! – dedi kuyov. – Og‘zingga qant-u novvot! – Bilib qo‘ying, xo‘jayin, – dedi Miryoqub jiddiy bir chehra bilan: – Menga bergan va’dangiz bor-a! Dutor, ashulla! Itlikni tashqarida qoldirib kirasiz… So‘ngra ovozini pasaytirdi va muloyim qilib dedi: – Rost aytaman, xo‘jayin. Dastlabdanoq cho‘chitib qo‘ymang… Yosh narsa. Miryoqub uyiga ketdi. Mingboshi kech kirguncha o‘tadigan «bir necha yillik» vaqtni qisqartmoq uchun qorong‘i mehmonxonaga kirib ko‘zini yumdi. Miryoqub to‘ppa-to‘g‘ri o‘z uyiga borib, zarur bir ish bilan ikki oylik safarga chiqayotganini aytganidan keyin, xotinining qo‘liga yetarlik pul berdi. Ba’zi bir gaplarni tayinladi. Guzarga chiqib, o‘ziga qarashli baqqolga uyidan xabar olib turish vazifasini yukladi. U yoq-bu yoqqa borib o‘zining xususiy ishlarini to‘g‘riladi. Xufton paytlarida mingboshiniknga kelib, ahvoldan xabar oldi. Kuyovning ichkarida ekanini, birinchi ko‘rishuv tutqaloqsiz o‘tganini, lekin hali hozircha dutor va ashulla ovozi eshitilmaganini aytdilar. Bu to‘g‘rida ham ko‘ngli joyiga tushdi. Hakimjonga mingboshi dodxoning mansabiga oid ba’zi ishlarni tayinlagach, ertaga erta bilan yana shaharga tushib chiqmoqchi bo‘lganini aytib, u yerdan chiqdi. Ichkarida xotini yig‘lab o‘tirardi. Bolalari uxlagan edilar. Tovoqdagi oshning ko‘pi yeyilmay qolganligi ko‘rilardi. Dasturxon ustida gurunch donalari ko‘p edi. Demak, oshni bolalar o‘zlarigina yeganlar… onalari yemagan… – Nimaga yig‘laysan? – dedi Miryoqub. – Shahardan bugun keldingiz. Endi ikki oyga ketaman deysiz… Yosh-yosh bolalaringiz bo‘lmasa ham mayliydi… – Bolalarimga yetarli pul qoldirdim. Baqqolga tayinlab qo‘ydim, nima desang berib turadi. Ikki oy uzoqmi? Lahzada o‘tadi ketadi. Ish bo‘lmasa, yurmas edim, ish bor, nochor-noiloj yuraman. «Ish qilma, pul topma!» de, ishni sen qil, pulni sen top, men uyda o‘tiray, jon deyman… Xotini jim bo‘ldi. Faqat, yig‘idan tiyilmagan edi. – Gugurt ber. Mehmonxonaning chirog‘ini yoqay. – Men sizga ana u so‘riga joy qilib qo‘ydim. Ketadigan kuningiz bolalaringiz bilan birga yoting endi. – Sen o‘zing bilasanki, men ichkarida yotolmayman. Ichkarida yotsam, kechasi bilan ko‘zimga uyqu kelmaydi. Gugurtni ber, chiqib tashqarida ayvonchada yotay. Tinch uxlasam, sahar turib jo‘nab ketaman. Xotin gugurtni uzatdi. – Tur, o‘rta eshikni zanjirlab ol. Xotin indamasdan o‘rnidan turdi va uzun yengi bilan ko‘z yoshlarini arta-arta erining orqasidan darvozagacha keldi. – Qachon uyg‘otay? Yo‘lga nimalarni tugib qo‘yay? – deb so‘radi xotin xo‘rlikdan ovozi tutilgani holda. – Hech narsa kerak emas. O‘zim uyg‘onaman. O‘rta eshik juda ohistalik bilan yopildi. So‘ngra yana o‘shanday ohistalik bilan zanjir solindi. Undan keyin ayvonchaga yetib qolgan Miryoqubning quloqlariga yana o‘sha tomondan ho‘ngrab yig‘lagan bir ovoz eshitildi… Mehmonxona eshigini ochib gugurtni chaqqan vaqtida, mehmonxonaning o‘rtasida ikki qulochini keng yozib… Poshshaxon turardi! Bu daf’a Miryoqub, bir tomondan, nomerda qolgan oltin sochli dilbarni o‘ylab, yana bir tomondan, mudhish sudning so‘roqlarini eslab, Poshshaxonga sovuq muomala qildi. Uni hali vaqt o‘tmasdan uyiga qaytib ketishga qistadi. Nasihat qilgan bo‘ldi… Faqat u nasihatlardan hech narsa chiqmadi. Hayotida shu nomashru’ erdan boshqa hech bir yupanchi bo‘lmagan yosh xotin uning bo‘yniga mahkam osildi, shu qadar hirs bilan osildiki, Miryoqub uning irodasiga bo‘yin egishga majbur bo‘ldi. – «Bu foniy dunyoda mashru’ yo‘l bilan bitadigan biror narsa bormi o‘zi?» – dedi Miryoqub o‘z-o‘ziga. Kecha va kunduz — 12-bob Miryoqub ertalab uyqudan ko‘zini ochgan vaqtida, allaqaysi stansiyadan jo‘nagan poyezd u izdan bu izga do‘qillab o‘tmoqda edi. Vaqt hali erta bo‘lganligidan, birinchi klass vagonning yumshoq yo‘lagi tomonidan hech qanday oyoq tovushi eshitilmadi. Demak, hali hamma yo‘lchilar uyquda. Ehtiyot bilan bosib o‘tgan bir oyoq sharpasi bir nafasgina eshitilib, so‘ngra uzun yo‘lakning chuqurliklariga botib yo‘q bo‘ldi… Poyezd stansiya chegarasidan o‘tib, ekin dalalari orasiga kirgan edi. Bir terilgan paxtalar yana chaman-chaman ochilib yotardilar. Allaqayda bir sigirning mung‘ayib mo‘ragani eshitildi. Eshak mingan bir yo‘lchi stansiyaga tomon chopib o‘tdi. Kichkina eshakning kichkina oyoqlari shabnam tushib namlangan tuproq ustida bolalarning olma parra kegaychalari singari ko‘zga ilashar-ilashmas qimirlardilar. Undan keyin orqalarida chang bulutlarini qoldirib otliqlar o‘tdilar. So‘ngra aravalar, piyodalar, yana eshak, yana otlar bir-birini ta’qib etdi. Erta bilanning sovuq shabadasi sur tuproq changlarini asta-sekin vagon derazasi orqali ichkariga tomon sura boshladi. Miryoqub bir nafasga ko‘zini yumdi. Poyezd keskin burilish bilan chapga qayrildi, chang bulutlariga ko‘milgan qishloq ko‘chasi o‘ng tomonda qolib ketdi. Olisdagi tog‘larning nil rangli suratlari gavdalandi. Baland-past daraxtlarning uchlarida hamda keng tolaning bir qismida ertalabki quyoshning zarchavaga o‘xshab yoyilgan shu’lasi ko‘rindi. Qalin daraxt oralaridagi noma’lum qishloqlardan ko‘tarilgan tutun ustunlari u joylarda odamlar yashaganini ko‘rsatardi. Poyezd chapga burilgandan keyin, sovuq shamol tolalarning xush yoqadigan salqinini olib kirib yuzlarga urdi… Shu topda ko‘zlar ixtiyorsiz pastga qaraydi. O‘z yozmishini begona bir osiyolikning qo‘liga topshirib qo‘ygan va mashru’ nomi tashlanib, qalbaki nom berilganiga xursand bo‘lgan moviy ko‘zli go‘zal yumshoq o‘rinda silkina-silkina uxlamoqda edi. Shu kecha ayniqsa baxtli bo‘lganmi bu juvon yoki shirin tushlarning sehrli quchog‘ida suzadimi – nima bo‘lsa bo‘lsin – shu topda muloyim kulimsirab juda chiroylik uxlaydi. Bu uxlashning chiroyliligini Miryoqub tushunolmaydi, albatta! Bu xotin butun kecha bo‘yi juda tinch va xotirjam uxlaganga o‘xshaydi. Bir oyog‘i tizdan quyisi bukilib, so‘richadan pastga osilibdi, bir oyog‘i unisini quvlab borib, so‘richaning qirg‘og‘ida uxlab qolibdi. Uzun ko‘ylagi butun badanini kam-ko‘stsiz yopib turadi. Faqat, bir yengi tirsakkacha shimarilib qolgan… Oppoq qo‘llari va bilaklari o‘z yonida – o‘z onasining to‘qlisiday – bir chiroylik uxlaydi. Miryoqub jonidan ko‘zini ololmaydi. Yuqoridan turib shu bir siqim vujudni tomosha qiladi. «Meniki, shu go‘zal maxluq meniki, butun vujudi meniki» deydi va quvonadi. Faqat, qulog‘i ostida kapa tikib yotgan tergovchi darrov o‘z borligini bildiradi: – «Miryoqub! Qaysi ko‘zing bilan shu chiroylik manzaraga qaraysan? Haqqing bormi unga bu xilda quvonib qarashga? Sen bilan ko‘rishganidan beri bu juvon boshqa har narsani unutdi. Berlindagi sevimli akasi ham esiga kelmaydi. Bilasanmi, tushida ham seni ko‘rayotir u! Sen nonko‘rni! Sen bevafo do‘stini! Sen usta savdogarsan, bilamiz, hurmatlaymiz! Sen pulni o‘ynatasan, pul bilan o‘ynashasan! U sening qo‘lingdan keladi, ortig‘i bilan keladi! Pul bilan o‘ynashsang, pulni o‘ynatsang yaxshi bo‘laridi. Sen chakki munaqa go‘zal maxluqlarning ko‘ngli bilan o‘ynasha boshlading! Go‘zal xotinlarning ko‘ngli jonon piyolaga o‘xshaydi, sendek qo‘pol kishilar uning jaranglaganini eshitmasdan turib sindiradilar… Singandan so‘ng ulardan ayanch narsa qolmaydi dunyoda!» – «Meni behuda ayblaysiz. Men uni iflos joylardan o‘g‘irlab olib chiqdim. Endi hech bir harom qo‘l, nomahram qo‘l tegolmaydi unga! U hozir nomusli bir erkakning nomusli xotiniday toza…» – «Sen o‘zing-chi? Sen o‘zing? Endigina qilingan yangi gunohlaring bilan?» – «Yangi gunoh qilganim yo‘q! Hali ham eski gunohlarim ketimdan quvalab yuribdi. O‘shalardan qutulay deb qochdim. Qochib ketayotirman. Bas endi, muncha ta’na». – «Har nima desang, de, ikki kun avval noyib to‘raning xotini, bir kun avval mingboshi dodxoning xotini sening qo‘yningda edi. Endi bugun-erta bu oqko‘ngil maxluqqa ham chang solasanmi? Qanday botina olasan?» – «Men munga tegmoqchi emasman, tegmayman ham. Siz bilmaysiz, shu xotin bilan ko‘rishganimdan beri o‘z-o‘zimni taniyolmay qoldim!» Miryoqubning bu so‘zlari to‘g‘ri edi. U, chinakam, hamma vaqt bu xotinning yonida o‘tirib, u bilan bir xonada yotib borishga majbur bo‘lsa ham, unga qo‘l uzatish degan vasvasali fikr bilan doim kurashib kelardi. Belgisiz bir joyda, belgisiz bir zamonda, belgisiz shartlar ichida ular ikkalasi o‘z-o‘zlaridan qo‘shilib qolishlari kerak edi. Xotin ham shu xilda o‘ylab, shu xilda tushungani uchun o‘zini ona qo‘ynida ketayotgan kabi sezardi. Shu uchun bo‘lsa kerak, Miryoqubning mumkin qadar o‘zini chetga tortishga urinishlarini anglayolmasdi. Hayfki, ular ikkalasi – bir-birining tilini yaxshi anglayolmaganlari uchun – yo‘l quyi o‘ylab va o‘ylanib borishga majbur bo‘lsalar-da, har kungi o‘ylari va ingtibolarini bir daftarchaga yozib borishni eslariga keltirmadilar. Ular ikkovi bittadan «kundalik daftarcha» yuritgan bo‘lsalar, mana bunga o‘xshagan yaxshigina sarguzashtnoma hosil bo‘laridi. J a k o b. (Xotin tomonidan Miryoqubga berilgan nom). «Bilmadim, bu poyezd meni qayerga olib boradi? Qrimga deb yo‘lga chiqdim. Belatlar Moskavgacha. U yerda nima bo‘ladi? Ungacha nima bo‘ladi? Bilmayman. Nima uchun bu safarga chiqqanimni ham bilmayman… Qishloqqa jo‘naganimda to‘rt-besh kun turarman deb o‘ylagan edim. Bir kecha yotdim, xolos. Sahar turib, haligi bo‘ynimga osilgan ilonni chiqarib tashlagach, ichkariga kirdim. Xotinim ichkarini supurayotgan edi. Ko‘ziga qaradim, tuni bo‘yi uxlamagani ko‘rinardi. Men ham tuni bo‘yi uxlayolmay chiqdim… Ilon kirgan edi qo‘ynimga! Ilonni o‘pgan harom lablarim bilan uxlab yotgan bolalarimni o‘pay deb quyiga egildim, ko‘nglim chidamadi. Ko‘rpaning qirg‘og‘ini o‘pdim. Xotinim ko‘rib turgan edi. «Bu odam bizdan kechib ketayotganga o‘xshaydi. Hatto o‘z bolalarini ham o‘pkisi kelmaydi» deb o‘ylagandir, to‘lib-toshib yig‘lagandir. Bechora xotin, bilmaydiki, bolalarimni o‘pmasligim ularni sevganligimdan edi». M a r y a m. (Miryoqub tomonidan xotinga berilgan nom, xotinning asl nomi Mariya emasmi). «Yo rabbiy! Yo rabbiy! Nima bu? Tushimmi, o‘ngimmi? Qaydaman? Nima holdaman? Kecham nimaydi? Bugunim nima? Ertamda nima bor? Jakob nomerning eshigini ochib chiqib ketdi. Men darhol ichdan qulflab oldim. Uning o‘z so‘ziga qarab loaqal besh kun o‘zimni qamoqqa hukm qilgan edim. Besh kunda besh marta kechasi, hamma uxlaganida tashqariga chiqib kelishni chamalardim. Boshqa vaqtlarda doim uyda, doim shu kichkina, shirin va ishonchli uyda! Besh kun ichida nimalar bo‘lmas edi deysiz? Ko‘nglimda tashvishlarim yo‘q emasidi: balki, kelmay qoladi? Balki, mendan aynidi? Balki, bir oydan, bir yildan so‘ng kelar? Balki, tez orada kelar, lekin o‘ylari va niyatlari o‘zgarib, oddiy bir «xaridor» kabi kelar, bir soatga kelar, yarim soatga kelar… Shunday bo‘lsa, men nima qilaman? Yana o‘sha iflos muhitga qaytamanmi? Yo‘q. Yo‘q! O‘lim undan yengil… ancha yengil. Nima uchun men unga ishondim? Nima uchun? Nima uchun yot bir odamning quruq so‘zi bilan butun niyatlarim, qasdlarim va xulyalarimdan kechdim? Qanday esipast xotin ekanman men! Yana qaytib botqoqqa sakramoq uchun balandroqqa chiqibman… Balandroq yerga chiqib turib – xuddi dengizga o‘zini tashlaydigan hopituvchilar kabi o‘zimni yana o‘sha xandaqqa tashlamoqchi bo‘libman! Bilmabman, o‘ylamabmanki, xandaqning ichida turgan vaqtingda odam uning havosiga ko‘nasan. Faqat, bir marta u yerdan chiqilgach, ochiq va sof havoga chiqilgach, tog‘ havosi kabi toza havoli tepalarga chiqilgach… qaytib xandaqqa tushib bo‘ladimi? Telbaman men! Telba! U puli ko‘p bir savdogar edi, shuni bilardim. Nima uchun men unga «ming so‘mga chek yozib ber, shunda ishonaman!» demadim? Yozib berardi. Undan keyin istar kelsin, istar kelmasin edi. Men qo‘limda pulim bilan yo‘lda bo‘lardim… maqsad yo‘lida bo‘lardim. Yozib bermasa, sevmaganligini bilardim, unga ishonmas edim… aldanishdan qutulardim. Men telba!.. Ikki kecha-ikki kunduzning qanday o‘tganini bilmadim. Chunki haligi xilda fikrlar, vasvasalar menga kun bermaylar edi. O‘ylardim, o‘ylardim, na yig‘lashimni bilardim, na kulishimni! Yo‘lakda, eshigim yonida ehtiyot bilan bosilgan qadamlar eshitila boshladi. O‘z-o‘zini qamoqqa olgan yosh va go‘zal xotinga qiziquvchilar topildi, shekilli. Xizmatchi ovqat keltirgan vaqtida: «Nimaga chiqib yurmaysiz?» – dedi. «Meni so‘ragan kishi yo‘qmi?» – dedim. «Yo‘q, – dedi. – Kim kelmoqchi edi?» «Erim» – dedim, jim bo‘ldi. Shundan so‘ng oyoq sharpalari ham eshitilmas bo‘ldi. Tushimmidi, o‘ngimmidi? Ohistalik bilan eshikning chertilganini eshitdim. Uning men bilan xayrlashib chiqqaniga faqat ikki kecha, ikki kunduzgina o‘tgan edi. «Besh kundan so‘ng kelaman» deb edi o‘zi. Bu chertish xizmatchining chertishiga o‘xshardi. Xizmatchi bo‘lsa kerak deb, so‘ramasdan ochdim. U kirib keldi! Oh, shu aziat! Biz ko‘rishmadik, nima uchundir, u qo‘l uzatmadi, men ham unutdim. So‘z ham aytmadi. Soqov kabi kirib kelib, qo‘lidagi biletlarni ko‘rsatdi. Xizmatchini chaqirib hisoblarni uzdik. Darhol vokzalga chiqdik. Ikkimiz bir uyda yotibmiz. Ko‘ngillarimiz – bir. Badanlarimiz – boshqa. Poyezd tez yurib ketayotir. Ko‘zlarim yumildi… Tushimmi, o‘ngimmi?..» J a k o b. «Toshkentdan kechasi o‘tganga o‘xshaymiz. Odamni zeriktiradigan quruq cho‘lga kirib boramiz. Vagonimizda yangi nusxa Toshkent to‘ppisi kiygan, sochini bir enlikkina o‘stirgan, forma kiyimli bir odam paydo bo‘ldi. Kaltagina, chiroylikkina mo‘ylovi bor… Oq yuzli. O‘zi ham chiroylik. Juda olifta qadam qo‘yadi. Toshkent odamiga o‘xshaydi. Maskovchi savdogarmikin? Yo zakunchimi? Yo mahkamalarda ishlaydigan odammi? Har qalay, o‘ris tiliga omil bo‘lsa kerak, qo‘lida o‘ris gazetlari ko‘raman. Bizning xonamiz oldidan bir necha marta u yoq-bu yoqqa o‘tdi. Sinchiklab qaraydi. Bilmadim, mengami, Maryamgami? Qo‘rqamanki, ko‘zlari Maryamda! Toshkent savdogarlari olifta bo‘ladi. Ovro‘pa xotinlarini yaxshi ko‘radilar. Yo‘ldan urishga ham epchil, deydilar… Menga katta tashvish ortdi. Eshikni berkitib qo‘ydim… Xona ichi dam. Maryam o‘ng‘aysizlana boshladi. Eshikni qaytadan ochib qo‘yishga majbur bo‘ldim». M a r y a m. «Jakob meni sevadiganga o‘xshaydi. Sevmagan odam munday qilmaydi. Oh, agar rost bo‘lsa! Chiroyli bir sart yigiti bizning xonamizga ko‘p qaraydi. Unga qaraydimi, menga? Bilmayman. Menga qarasa kerak. Chunki erkak erkakka nega qarasin? Xotya, sartlarda erkak erkakni sevadigan odat bor emish… qiziq! Jakobchik, mening sevimli Jakobchigim ochiqdan ochiq bezovta bo‘la boshladi. Eshikni bir qur yopdi. Keyin men bir-ikki marta og‘ir «uh» tortib edim, ochib qo‘ydi. Oh, biz xotinlar! Shu sart yigiti tezroq gap tashlasaydi. Jakobni yaxshilab sinardim. Tezroq sinasam, ko‘nglim o‘rniga tushsa. Shu uchun yo‘lakka chiqdim. Ochiq derazaning orqasida ketsiz cho‘l, yalang‘och sahro uzala tushib yotadi… Qanday to‘ydiruvchi yaknavlik! Yolg‘iz bo‘lsam, ilinchagim bo‘lmasa, zerikib o‘lardim. Tomosha boshlandi: orqamdan darrov Jakob chiqdi. Yonimga o‘tib to‘xtadi. – Havo yaxshi-a? – dedi. – Chakki emas, – dedim, kuldim. Bu olov bilan o‘ynashayotgan bolaning beparvo kulishi edi… Sart yigit ham deraza oldida edi. Jakob uning tomoniga o‘tib to‘xtadi. Poyezd stansiyada bir oz to‘xtab jo‘nagandan keyin, sart yigit yonimizdan o‘tdi, bizga qo‘shni bo‘lgan deraza oldida – mening qatorimda to‘xtadi. Shundan keyin sekingina Jakob ham o‘sha tomonga o‘tdi. Sart yigit nega gap tashlamaydi? Janjal bo‘larmidi? Bo‘lsin! Janjal qo‘zg‘aladi, yotadi, faqat, uyg‘onib «hoy» degan ko‘ngil javob eshitadi: «Labbay!» Menga shu kerak. Sart yigit, u ham – aziat! Xotin ko‘nglini bilmaydi. Achchig‘im keldi, uyga kirib eshikni yopib qo‘ydim. Shoshma, shoshma! Nima gap? Ular ikkovi so‘zlasha boshladilar. Faqat janjalga o‘xshagan yeri yo‘q… Yana achchig‘im keldi. Nu, ix!..» J a k o b. «Xayriyat, Maryamga emas, menga qaragan ekan. Men bilan tanishmoqchi bo‘lganini so‘zladi. Tanishib oldik. Toshkentlik savdogar. Finlandiyaga borayotir emish. U qaysi mamlakat?» M a r y a m. «Jakob sart yigit bilan qalinlashdi. Endi u bizning xonada ko‘p o‘tiradi. Men bir chekkada. Yonimda Jakob… Jakobchik. Uning yonida – yigit. Ruschani juda yaxshi bilar ekan bu yigit. Jakobni xijolat qildi. «Xotiningiz bilan tanishtirmaysizmi?» dedi, shekilli, Jakob menga qaradi. «Bu kishini taniysanmi?» dedi. Men qaydan taniyman? Qiziq! Qo‘limni uzatdim. «Sharafuddin Xodjayev» dedi. Qanday qiyin ot! Jakob, Jakobchik… Bu boshqa. O‘zi chiroylik narsa lekin». J a k o b. «Savollarimning javobini endi topadiganga o‘xshayman. Bu yigit jadidlarning kattalaridan biri ekan. Endi «imperiya»ni so‘rab olay deyman. Shunday gaplarni gapiradiki, ko‘zim piyoladay bo‘ldi. Men uyquda ekanman… g‘aflat bosgan ekan bizni. Millat degan narsamiz bor ekan, biz – omilar uni «fuqaro» deb yurganmiz. Bu yigit «millat» degan vaqtida allaqanday shirin eshitiladi. Lekin «bu kishi kimingiz?» deb so‘ragani yomon bo‘ldi. Nima deb javob berishga hayron bo‘lardim. Hali javob topolganim yo‘q edi. O‘zi yordam qildi: «Ahliyangizmi?» «Ha, ahliyam». Qutuldim! Undan keyin bizning xonaga kirib o‘tirib, «Ahliyangiz bilan tanishtirib qo‘ymaysizmi?» dedi. Men Maryamdan «tanishmisan?» deb so‘ragunimcha bo‘lmay, Maryam qo‘l uzatib o‘tiribdi. Kofirning qizi! O‘rganib qolgansan-a! Xayr, mayli, men bu yigitga ishonaman. Uning boshida xotin savdosi borligini payqaganim yo‘q. U o‘z «millati» bilan ovora. Haddidan oshib ketsa, biz oddiy xalq, musht ham ko‘tara beramiz!» M a r y a m. «Sart yigiti balo bo‘ldi. Jakob ertadan kechgacha o‘sha bilan gaplashadi. Men hech narsa anglamayman. O‘z tillarida gazetlar o‘qishadi. Yigit o‘rischa gazetlarni o‘qib tushuntiradi. Bir tomondan olganda, bu yaxshi: Jakobning fikri ochiladi. Odam bo‘ladi. Madaniylashadi. Faqat, men uni shu yovvoyi holida ham sevaman, shekilli. Zerika boshladim. Nima qilsam? Kitob topib o‘qiy. Jakobning yuzida va ko‘zida o‘ychanlik aralash bir tabassum paydo bo‘ldi. Diqqat qildim: ko‘nglida ajib bir olov yona boshlaganga o‘xshaydi. Oh, yo rabbiy! Meni sevgan ko‘nglidagi muhabbat olovi emasmi? Faqat… unday bo‘lsa, u ajib va shirin kulish bilan kulgan ko‘zlari nima uchun menga emas, boshqa yoqlarga, olislarga qaraydi? Boshqa sevgining olovi emasmi? Oh, yo rabbiy! Yo rabbiy!..» J a k o b. «Bu yigit boshqacha chiqdi. Men izlagan pir shu bo‘lsa-ya? Nima uchun men shu vaqtgacha jadidlarni so‘kib kelganman? Agar jadid shu bo‘lsa, nimaga men jadid emasman, nimaga mingboshi jadid emas, hamma jadid emas?.. Faqat, noyib to‘ra boylardan yerlarni, zavodchilardan zavodlarni tortib oladiganlardan gapirdi, ular ham jadidlarga o‘xshagan yangi bir toifa emish… Yo‘q, men mundan ehtiyot bilan bir so‘rab ko‘raman. O‘zi aytib berar. Noyib to‘ra bilan o‘rtamizdagi aloqani, noyib to‘raning musulmon tiliga va xatiga omil ekanini, uning «Imperiya» to‘g‘risidagi gaplarini gapirib berdim. U ham gapirib ketdi… gapirdi… gapirdi… og‘zidan ajoyib ta’sirlik so‘zlar to‘kiladi. U so‘zlarning har bir donasi ko‘zimdan bir qavat pardani sidiradi. Ochildim… Umrimda birinchi marta yangi tanishgan bir kishiga ko‘ngil sirimni aytib berdim. Maryam voqeasini mendan batafsil eshitgandan keyin kaltagina bir so‘z qildi: – Siz endi bu xotinni qo‘ldan chiqarmang! Bu – bizning boshimizda danak chaqayotgan bir dunyoning qizi. Biz bularni ko‘ngildan yomon ko‘ramiz. Bular – bizning dushmanlar! Faqat, bular hammasi, butun holda – dushman! Yakka-yakka bo‘lganda, oralaridan do‘st topa olamiz. Yaxshi do‘stlar topiladi. Juda yaxshi do‘stlar… U do‘stlar bilan og‘iz-burun o‘pishar ekan, ularning changalidan qandoq qilib qutulishni bir nafas ham unutmaymiz! Siz uni iflos chuqurdan tortib chiqaribsiz. U muni taqdir etadi, o‘zining yosh va toza ko‘nglini sizga tutadi. Sizga qarashlaridan anglaymanki, uning ko‘ngli ko‘pdan sizniki bo‘lgan! Siz – baxtlisiz. U ham sizni endi siz uchun yangi bo‘lgan bir dunyoga olib kiradi. Siz unda haqiqiy onalarni ko‘rajaksiz. Millat bolalarining baxti haqiqiy, madaniy onalar qo‘lida bo‘lmasa, bizning oqibatimiz yomon! Siz undan ko‘p narsa ola bilasiz. Singillaringiz, qizlaringizni shularga o‘xshab tarbiya qilsangiz, shundagina vazifangizni bajargan bo‘lasiz! Eskilarning tili bilan: «qo‘shoq qaringiz!» deyman… Qo‘shoq qaringiz – millatning, millat onalarining saodati uchun!.. Bizning tilimizni biladigan amaldor oshnangiz to‘g‘risiga kelsak… Bizning mamlakatimizga rus hukumati bir «mustamlaka» deb qaraydi, ya’ni mamlakatlarning o‘gayi singari… Shu uchun bu yerga yaxshi amaldorni yubormaydi. Bitta-yarimtasi adashib kelib qolmasa… Ulardan bizga do‘st yo‘q… Bizning do‘stimiz – o‘zimiz! Bizning do‘stimiz – millat! Ular – millat dushmanlari… Biz ularga – dushman! Shuni unutmangiz! Mamlakatning tarixi, adabiyotiga oid qimmatbaho asarlarni tekinga berish hamda bir rus amaldoriga berish, bilmadim, nimaga teng? Mencha, bu – millatga xiyonat! Unday asarlarni siz to‘plangiz, milliy kutubxona tashkil qilaylik. To‘g‘ri yo‘l – shu! Bizdan necha baravar kichkina millatlar mustaqil bir hukumat qurib, o‘z davlatlari ila Ovropaning, shu madaniy Ovropaning markazida, ya’ni kindigi singari joyda yashaydi. Toshkent tramvayini o‘shanaqalar aylantiradi… Bizning baxtsizligimiz – nodonligimizda, xolos. Millat uyg‘onsin, ko‘zini ochsin, o‘qisin, bilim olsin, madaniy millatlar qatoriga kirsin, so‘ngra u ham o‘z davlati, o‘z baxti, o‘z saodatini quradi. – Millatni uyg‘otish – uyg‘onganlarning vazifasi. Mana, siz, ancha eslik, hushyor, ziyrak odam ko‘rinasiz. Ish bilasiz ekan. Davlatingiz bor ekan. Faqat birgina aybingiz shuki, zamon ahvolidan xabardor emassiz. Gazet o‘qimaysiz. Shu zamonda mundan yomon gunoh bormi? Qanday yaxshi gazetalar bor. Orenburgda, Qozonda, Ufada, Bokuda, Astarxanda, ayniqsa, Moskavda, urush bitgandan keyin chetdan oldirib o‘qing! Boqchasaroyga besh so‘m pul yuborsangiz, bir yilgacha har kuni «Tarjimon» keladi. Bilasizmi, «Tarjimon» nima deydi? Shu yerda men uning so‘zini bo‘lib, dedim, chunki juda payti kelgan edi: – Boylarning yer-suvi, zavodchilarning zavodlari olinib, yalang oyoqlarga berilsin demaydimi? Shuni aytib bersangiz. – Siz sotsialistlarni aytasiz, – dedi, – bizning oramizda sotsialistlar yo‘q. Biz sotsialistlardan yiroqmiz. «Tarjimon» nima deydi? «Tarjimon» – jadid gazetlarining otasi, Ismoil boboyning gazeti. Eng eski gazet… «Tilda, fikrda, ishda birlik!» – deydi, ya’ni biz musulmonlar, turk xalqlari, bir til bilan gapiraylik, bir fikrda bo‘laylik, bir ish qilaylik, deydi. Mundan yaxshi nima bor? Boylarning yerlari, zavodchilarning zavodi, fabrikachilarning fabrikalari bilan bizning ishimiz yo‘q. U ularning o‘z ishlari. Biz o‘qiydigan gazetlarning hech biri unday demaydi. Ular qayta: «Boy bo‘l! Zavod sol! Fabrika och! Besh minglab, o‘n minglab rabochi ishlat! Milliy sanoatni rivojlantir!» – deydi. «Vaqt» gazetasining mutasaddisi kim? – Rameyev. Bilasizmi u kim? U – millionchi. Tilla konlari bor. Jadidlardan qo‘rqmang. Millatni biling, taning, unga xizmat qiling. Shu bilan siz ham jadidsiz. Nomingiz milliy tarix betlariga oltin bilan yoziladi. Kim pul topma deydi sizga? Mana, men: Finlandiyada magazinim bor, Peterburgda magazinim bor; har yil yarmarkaga borib ish qilaman. Fransiyada Lion, Germaniyada Hamburg shaharlariga boraman. Teri, mo‘yna, mahalliy sanoat mollarini o‘tkazaman. Dunyoning pulini topaman. Faqat, mening o‘g‘lim uloqchi ot minib poygalarda yurmaydi, mendan pul olib qimor o‘ynamaydi, mening topganimni besoqolga, fohishaga bermaydi. O‘qiydi, bilim oladi, odam bo‘ladi, madaniyat kasb etadi. Bir ukam – Finlandiyada, Helsingfors gimnaziyasining 5-nchi sinfida. Bir ukam – Ufada, mashhur Oliya madrasasida. Akamning bir o‘g‘li – Toshkent Real maktabida. O‘z o‘g‘lim hali kichik bola. Finlandiyada, maxsus muallim solib berganman, o‘qiydi… Endi bu jadidning gapdan to‘xtashini istamay qoldim…» M a r y a m: «Jakob meni unutdi. U haligi sartning afsuni ostiga tushdi. Nima qilaman men? Xayr, mayli, chidayman. Madaniy Jakob, albatta, til bilmas, yovvoyi aziat Jakobdan yaxshiroq. U meni xandaqdan tortib chiqardi, endi mening sababim bilan o‘zi ham madaniy odam bo‘lib ketsa – qanday yaxshi! Faqat, zerikdim. Kitob oldim. Jurnal oldim. O‘qidim… O‘qiyman… bo‘lmaydi. Yo‘l uzoq. Yaknav manzaralar… Zerikishdan bo‘g‘ilaman… Jakobning bo‘yiniga osilib bo‘g‘sam deyman! Nihoyat, bir rus xotin bilan tanishdim. Eri Toshkent shahrida advokat ekan. Onalarini ko‘rgali Moskavga ketayotir. Endi menga ham so‘zlashadigan odam topilib qoldi. Birinchi, ikkinchi, uchinchi va h.k. gaplarimiz… sevgi to‘g‘risida bo‘ldi!» J a k o b. «Qiziq: gap degan narsa shuncha ta’sirlik bo‘ladimi? Kechagina men «jadid» degan so‘zni eshitsam, belim qayishardi. Yurtimizning katta, obro‘yli, eslik odamlari hammasi jadidlarni yoqtirmasidi. «Jadid kofirning ashaddiysi» derdi Shahobiddin domla. Gazet o‘qiyturgan bitta mullabachchani madrasadan rasvo qilib haydagan edi. Shahardagi katta boylarimiz bo‘lsa ular to‘g‘risida «tirranchalar», «haromilar» demasa gapirolmasidi. Mana, men endi jadidni ko‘rib o‘tiribman. Erta-kech gapiga quloq solaman, qulog‘imni uning og‘zidan uzib ololmayman… Bir yomon joyini ko‘rganim yo‘q. Gaplari hammasi ma’qul. Birovning mol-mulkiga chang solaturganga o‘xshamaydi… O‘zi ham badavlat odam. Halol kasb qilib pul topishni, dunyo orttirishni bilar ekan… Bu yomonmi? Agar jadid shunday bo‘lsa – men ham jadidman… Fursatni to‘g‘ri keltirib turib: – Imperiya nima degani? – deb so‘radim. – Nega so‘rab yotibsiz? – dedi. – O‘zingiz bilgan amaldor oshnam bir kun «Imperiya botib boradi» dedi, shunda juda xafa bo‘lib gapirdi. – Uning Imperiya degani o‘ris podshosining qo‘l ostidagi yurtlar. Unda har qaysi millatdan bor, shu qatorda biz sho‘rliklar ham bormiz. Ular, urush muvaffaqiyatsiz bitsa (shu so‘zini tushunolmadim), o‘sha yurtlarning parcha-parcha bo‘lib bo‘linib ketishidan qo‘rqadilar. Rusiyani, shu quloch yetmas keng o‘lkani, qilich kuchi bilan, qozoq o‘risning nayzasi bilan qo‘rqitib, butun holida qiyomatgacha ushlab qolmoq istaydilar. Sog‘im sigirni kim istamaydi? Oppoq, shirin suti bor… – Nimaning suti bor? – deb so‘radim men. Kuldi. – Siz-biz sog‘im sigirmiz, bizning shirin sutimiz bor, ruslar va boshqa ajnabiylar «bizni» emib yotadilar. Bir biz emas. Qarangiz: Hindiston, Sharqiy Turkiston, Tunis, Jazoir, Mag‘ribiston, ya’ni Marokash… Misr ham Angliya qo‘liga kirib bitdi. Endi asta-asta Turkiyani bo‘layotirlar. Butun islom olami, musulmon o‘lkalari birma-bir ajnabiylar qo‘liga o‘tayotir. Qarangiz: Eronni, bir tomondan bizning ivanlar, bir tomondan – «Makkor Albiyon» uz nufuzlari ostiga oldilar. U gapiradi, gapiradi. Men hayron bo‘laman. Muncha nomlarni qaydan biladi? Hammasi qandoq qilib esida turadi? Hammasini o‘z ko‘zi bilan ko‘rganmi? Yo meni laqillatib, o‘z ichidan chiqarib aytadimi? Hali Finlandiyada bir shaharning nomini aytdi, til o‘lgurni bir munday epga keltirib aytib bo‘lmaydi… Har qalay, bu xotin menga hech narsa bermaganda ham roziman. Ko‘zimni to‘sib yotgan pardalarni olib tashladi-ku. Faqat… Maryam allaqaysi bir uyda bir xotin bilan tanishib olib, bizga o‘xshagan suhbat boshladi. Bir xabar olib qo‘yay, suhbatlariga birorta begona erkak oralamadimikin? – Men bir xotinimdan xabar olib kelay! – dedim. Yonidan jildim. Borsam, Maryam kitob o‘qib yotibdi, narigi diqqat bilan quloq soladi. Bir erkak bor, yuqori so‘rida uxlab yotadi. Xayr, mayli, zerikmasin bechora Maryam. Yana jadidning yoniga qaytdim. U birdaniga so‘rab qoldi: – Sizning musulmon xotiningiz ham bormi?! – Bor… yo‘q, yanglishdim: bor edi… – Har holda, musulmon xotin bilan turib ko‘rgansiz-ku?! – Ha… albatta. – Endi, mana, tarbiyaning nimaligini o‘z tajribangiz bilan bilasiz. Tarbiyasiz, ongsiz va nodon musulmon xotin bilan tarbiyalik madaniy ovro‘palini solishtirib ko‘rasiz. Farq yer bilan osmon qadar! Darhol bilinadi. – Hali ham o‘g‘limni o‘ris maktabiga beraman deb qo‘ydim. – Bu fikringiz xato. Ibtidoiy tarbiyani rus maktablaridan boshlab bo‘lmaydi, uni milliy maktablarda berish kerak. Ilgari milliy hissini o‘stirib, o‘z millatini tanitgandan keyin rus maktabiga berish kerakki, hunarga, ixtisosga tegishli ilmlarni o‘qisin (bu odamning gaplarida shunaqa men anglamaydigan so‘zlar ko‘p: u o‘zi o‘ylamasdan gapirib keta beradi. Tez-tez to‘xtatib so‘rashga men uyalaman. Ba’zi so‘zlarni anglamasam-da, hamma gaplarini anglayman. Gazet o‘qiy bersam tushunib ketarman). Undan keyin Germaniya, Fransiya, Angliya mamlakatlariga, hatto dunyoning narigi chekasidagi Amriqoga yuborib o‘qitish kerak… O‘ruslarda ilm ko‘p. O‘ruslar – mutaraqqiy millat. Lekin ular o‘zlari ham asl ilmni o‘sha yoqdan oladilar. – Shundaymi? – Shunday. Mana bu urush tugasin, Finlandiyaga bir keling. Undan nari birgalashib Germaniyaga o‘tamiz, Fransiyani ko‘ramiz, Angliyani tomosha qilib kelamiz. Shundan keyin jadidlarning nima demoqchi bo‘lganini bilasiz… – Men hali ham sizning gaplaringizga qoyil kelib o‘tiribman… – Qoyil kelgan bo‘lsangiz, millatga xizmat qilingiz, g‘aflatda qolgan xalqni uyg‘otingiz, yangi maktablar ochingiz! Bolalaringizni yangicha o‘qitingiz. – Albatta, albatta. Bundan keyin shunday qilaman endi. Ko‘zim ochildi… men ham taraqqiy qilib qoldim… Millatni odam qilishga urinaman endi… – Habbarakalla! Siz Abdisamat mingboshi deganni taniysizmi? – O‘zimizning Abdisamat kalmi? Taniyman. Qishlog‘i bizga yaqin. – Ana, haqiqiy millat xodimi o‘sha! Hamma mingboshi va amaldorlarimiz o‘sha odamga o‘xshasa, millat tez taraqqiy qilardi. – Qizlarini yangicha o‘qitadi deb eshitaman. – Qizlarini yangicha o‘qitish uchun Ufadan maxsus muallima oldirgan. Hozir o‘sha muallimaga o‘z uyida yangicha qizlar maktabi ochib bermoqchi bo‘libdi. Yaqinda yuqoriga ariza berib, «usuli jadid» maktabi ochishga ruxsat oldi. Toshkentdan biz muallim jo‘natdik. U odam – millatning otasi! Hammamizning otamiz! Ko‘rsangiz, salom ayting. Hamma jadidning orzusi o‘sha odamni bir ko‘rish! Maryam chaqirdi. Bilmadim, nima gap. Bu to‘yilmas suhbatni bo‘lib chopdim». M a r y a m. «Qarta o‘ynab-o‘ynab zerikdim. Jakob mendan tamom kechib yubordi… Jinimdan yomon ko‘raman u madaniy sartni! Yer yutsin uni! Qartada fol ochsam, bir-bir ketin «baxtsizlik» (neschastye) chiqadi. Qo‘rqib qoldim. Demak, mening Jakobimni tortib olajaklar! Madaniyatdan yomon narsa bormi ekan dunyoda? Hatto madaniylashgan sart ham ertadan kechgacha valdirashdan bo‘shamas ekan… Chidayolmadim. Chaqirdim. Kelsa, chinakam gaplashib, masalani hal qilaman. Ana, kelayotir… keldi. Jakob!!» J a k o b. «Uyga kelib kirishim bilan, «Jakob!» deb bo‘ynimga osildi. Eshik ochiq, hammaning ko‘zi bizda! Ana, ho‘ngrab yig‘lay boshladi! Boshimga balo bo‘ladiganga o‘xshaydi. Mening fikrim hozir boshqa yoqlarda, boshqa ko‘chalarda. Maryam muni bilmaydi… Har qalay, silab-siypab yupatdim. «Bir ozdan so‘ng qaytib kelib, tuni bo‘yi sen bilan gaplashib o‘tiraman» dedim. Kulimsiradi… Yo‘q, shu kulimsirashidan kechib ketolmayman!» M a r y a m. «Hech narsa deyolmadim, tilim tutildi… Bo‘yniga osilib yig‘ladim. Erkalatib, yupatib, va’da berib ketdi». J a k o b. «Moskavda bir-ikki kun to‘xtaymiz. Shu vaqtda Maryam masalasini bir yog‘liq qilish kerak. Shunga jazm qildim. Ungacha Maryamni yupatib borish kerak. Maryam masalasi – kichkina masala. U oson hal bo‘ladi. Аммо miyamda paydo bo‘lgan fikrlar meni qayerga olib boradi? Shunga hayronman». M a r y a m. «Jakobchikning menga muomilasi o‘zgardi. Qanday baxtliman! Faqat… «U mening kimim, nimam? Uni men sevamanmi?» degan savollar miyamni tintalaydi. Keyingi savolning javobini o‘zim berishim kerak. Endi bu to‘g‘rida qat’iy bir fikr aytadigan vaqt keldi. Soddalik bas endi! Bir narsa deyishim kerak. «Sevamanmi, yo‘qmi?» O‘zimga beradigan javobim Moskvagacha berilmagi lozim!» J a k o b. «Orenburgdan jo‘nab edik, shirin so‘zli «jadid» shaharni ko‘rsatdi. Qaradim. Shahar orqada qolgan edi… – Bu yerda bir мadrasa bor. Nomini “Husayniya” deydilar. Uch qavat, yevropacha imorat. Unda jadid ilmlari o‘qiladi. Bilasizmi uni kim soldirgan? Jadidlarning eng katta otaxonlaridan Ahmadboy Husainov… Juda boy odam edi. Usuli jadid maktablariga ko‘p pul sarf qildi. Millatga qilgan xizmati sanoqsiz… Bizda ham shunday boylar bo‘lsa? Anjonda Mirkomilboy bor. Eshitgandirsiz? Millat yo‘liga bir chaqa bermaydi. Johil!..» – U nima, bir omi eshak-da… – dedim men. – Taraqqiy qilgan emas… Gazet o‘qimaydi… Temir ko‘prikdan o‘tib, daraxtzor ichiga kirdik. O‘rmon daraxtlari sarg‘aya boshlagan edi. – Menga qarang, – dedim men, – jadidlar ham «boylarning yer-suvi olinsin» der emish-ku?! Birov menga shunday dedi, juda ishontirib aytdi! – Yo‘q, yo‘q! Aslo! Ilgari xam aytib edim-ku: ular – sotsialistlar. Jadidlar sotsialist emas. Aslo! Aslo! Endigina Ahmadboy Husainov to‘g‘risida gapirdim. Shunday odam jadidlarning otasi sanaladi… – Unday bo‘lsa, juda yaxshi, – deb qo‘ydim men. – Ori rost, – dedi jadid. – Ilgari jadidlar orasida ham, haligi aytganingizdek, sotsialist bo‘lib yurganlar bor edi. Chunonchi, tatarlardan Ayoz Is’hoqiy. U bir necha yil burun boylarga qarab ayuhannos tortardi. Hozir Moskavda boylardan yordam olib gazet chiqaradi. Xolisanlillo millatga xizmat qiladi… Moskavga borsangiz o‘sha gazetni topib o‘qing… «So‘z» gazeti… juda yaxshi gazet! Ko‘nglim birmuncha tinchlandi. Jadidlarga endi ishonib qoldim. Ulardan yolg‘onchi chiqmaydi. Yaxshi odamlar! Maryamga va’dam bor edi, vagonda chirog‘lar yoqilgach, xayrlashib uyimga ketdim». M a r y a m. «Bu kecha Jakob men bilan bo‘ldi. Chala-chulpa u gapirdi – men angladim, chin ko‘ngildan men gapirdim – u angladi. Anglashdik. Qanday baxtliman men! Hech shubha yo‘qki, Jakobning o‘xshovsiz ko‘zlari bor… qop-qora, o‘ynoq, jonli! Yo‘q! Men u ko‘zlardan kechib ketolmayman!.. Nima bu? Iqrorimmi? Sevganimni iqror qildimmi shu bilan? Sevamanmi men uni? Sevamanmi? Yo‘qmi? … Sevaman! Lekin… u sevmasa? Mendan oladiganini olib qo‘limga chek uzatsa? Muni o‘ylashdan ham qo‘rqaman! Lekin… Sevishga haqqim bor! Sevaman! Narisini bilmayman!..» Jakob. «Jadid yana Maryam masalasiga to‘xtaldi. Ko‘p gapirdi. – Yurtingizda qolgan bolalaringizning tarbiyasini shu xotiningizga topshiring! Odam bo‘ladi ular. – Milliy maktabda o‘qimaganlar-ku?! – dedim. – Unday bo‘lsa, davlatingiz bor, xususiy bir muallim yo muallima oling. Tez bo‘ladi. Siz agar Qrimga borsangiz, Boqchasaroy degan yerga tushing. «Tarjimon» gazetasini izlab toping. O‘sha yerdagi ustodlar bilan gaplashing. Balki, muallim, muallima xususida sizga yordam beradilar, yo‘l ko‘rsatadilar. Qo‘limga gazetning nomini yozib berdi. Musulmoncha xati xunuk ekan… Maryam masalasini Moskavda hal qilishga to‘g‘ri keladi. Yangi ko‘rishgan kunim chizilgan rejalar buzildi… Endi uni Moskavda tashlab, o‘zim yana o‘z yurtimga qaytib ketsammi? Jadidning so‘zlari meni qo‘zg‘atib qo‘ydi, uning so‘zlarini men ham boshqalarga xuddi o‘shaning o‘ziday chiroylik va ta’sirlik qilib gapirsam deyman. Odamlarning ko‘zini ochsam deyman. Yo‘q… bo‘lmaydi. Maryamni tashlab ketish qo‘limdan kelmaydi. Shoshma, jadid domla ham Maryam to‘g‘risida ko‘p narsalar dedi-ku! «Millat onalari yetkazish uchun g‘ayrimillatning onalaridan o‘rnak olaylik» dedi. Hali Maryamning o‘rnak bo‘lishi bor… Yo‘q, uni tashlab bo‘lmas. Qani, Moskavga boraylik-chi. «Ertaning g‘amini eshak yeydi». Ana, Moskav atrofidagi yozloqlar ham bir-bir ketin o‘ta boshladilar». M a r y a m. «Moskvaga yaqinlashib kelamiz. Ana, dachalar… baland imoratlar… katta shahar… Faqat, ko‘nglimni bir qistov, bir xafalik changallaydi. Allanarsaning belgisiz tashvishi, andishasi bor… Nima u? Ayriliq! Yo‘q, men ayrilib ketolmayman!» J a k o b. «Ozoda musofirxonalardan biriga tushdik. Ikkimiz ikki xonadamiz. Maryamning ko‘zlarida haqorat qilingan bir qarash pilpillaydi. Bechora… Jadid ketdi. U bilan vagonning o‘zida xayrlashdim. Shundan keyin ko‘rmadim. Endi, uning shirin ovozi qulog‘imdan yiroqlashgach, ta’sirli so‘zlarining shoshilish oqimi uzilgach… u so‘zlarni es tarozisiga solib ko‘rayotirman. Rostmi u gaplar? Yolg‘on emasmi? Bir musulmon odamni din yo‘lidan, ota-bobolar, burungilar yo‘lidan chiqarish uchun g‘ayridinlar tomonidan qurilgan tuzoq emasmi? Bu yigit namoz-niyozni bilmaydi. Qiyofatida musulmonlik asari yo‘q… Domlalarimizning aytganlari rostmi ekan? Nega men u yigit bilan bahs qilishmadim? Yo‘q, u bilan bahslashib bo‘lmaydi. Uning gaplariga gap topib javob berish qiyin. Uning gaplariga hech kim javob aytolmaydi. Qani, ko‘raylik, nima bo‘lar ekan. Qrimga bormay ilojim yo‘q. Men Maryam uchun bo‘lsa ham boraman. U yerda jadidlarning kattalari bor emish. Ularni ko‘raman, gaplashaman. Agar jadidlarning asosi puch bo‘lsa, Xalifayi Rum jadidlarga tarafdor bo‘larmidi? Hamma tartib, nizom o‘sha tomonda deydi-ku. Yangicha o‘qish Rumdan kelgan… kalta kiyim Rumdan chiqqan… rumcha yoqalar o‘sha tomondan kelib rasm bo‘lgan… G‘alati ahvolga tushib qoldim men. Miyam g‘ovlab ketmasa deb qo‘rqaman. Ilgari tinchgina pul topishimni bilardim. Ota-bobomiz yurgan yo‘ldan bora berardik. Endi allakim chiqib, «ota-bobolarning yo‘li egri edi, to‘g‘ri yo‘l bu yoqda!» deydi. Odam ishonadigan qilib aytadi. Shu ikki yo‘ldan birini tanlab olishim kerak. Birdaniga ikki yo‘ldan yurib bo‘lmaydi. Yana jadidlar bilan ko‘p so‘zlashmoq kerak. Gazet o‘qish kerak. Har kun-har kun yangi-yangi gazetlarni o‘qish kerak. «Moskavda yaxshi gazet bor» degan edi, shuni axtarib topay. Yangicha kitoblar topib olib, ularni ham tatalab ko‘ray. Mayli, ishqilib, ko‘zim ochilsin. Bilinmagan narsalarni bilay. Ko‘p narsa o‘rganay. «Bilgan bilmagandan yaxshi» deydi jadid. Mana bu gap – haq, lekin!» Maryam. «Moskvagacha Jakob men bilan bo‘ldi. Muomalasi butunlay o‘zgardi. Qarta, o‘lgur, aldadimikin? O‘zim yanglish ochdimmi? Yo teskarisiga aytadigan qartamikan? Faqat, nima uchun nomerda ikkovimiz ikki xonaga tushdik? Demak, Jakob men bilan ayrilishmoq istaydi. Agar ko‘nglida muhabbat bo‘lsaydi – shaharda uch kecha birga bo‘ldik, yo‘lda olti kechani birga o‘tkazdik – menga yaqinlashardi. Men qarshimanmi yaqinlashsa? Yo pul berish kerak deb qo‘rqarmikin? Men hozir pul degan narsani o‘ylamayman. Istasa, o‘z pullarimni ham beraman. Faqat, haydamasa bo‘ldi! Men shoshib qoldim. Nima qilishimni bilmayman. Bu Jakob juda berk odam, hech narsasiga tushunib bo‘lmaydi. Yaponlarni shunday bo‘ladi, derdilar. Bu ham Osiyo bolasi emasmi? Hammasi bir balo!.. Xo‘p… ikkimiz bir xonaga ham tushdik, u kelib meni o‘pdi ham deylik… quchoqladi ham deylik… Albatta, u holda men o‘zimni tutolmayman… u ham tutolmaydi… Faqat, natija? Natija nima bo‘ladi? Odatda, erkaklar shundan so‘ng sovunadilar. Bu ham sovunsa… Qo‘limga chek uzatsa… Xayr-ma’zur degani bo‘ladi! Yo‘q, yo‘q! Cheki qursin! Puli qursin! Istamayman!.. Chora nima, chora? Bilmayman… Menda nima ixtiyor? Meni sotib olgan u, pul unda… Ixtiyor unda… O‘shaning og‘ziga qarayman-da. Ket dermikin o‘sha og‘iz? A?!» Jakob. «Qrim sanatoriyalaridan ikkitasining adresini oldim: «Ikki kishilik joy bormi?» deb telegramm bermoqchiman. Telegrammni yozdiray deb edim, bo‘lmadi… Chunki ikki joymi, bir joymi? Ilgari Maryam masalasini hal qilish kerak. Men uchun-ku, u masala hal bo‘lgan, faqat u nima deydi? «Pulimni ber, ketaman» deydimi? Yo men bilan umr qilishga unaydimi? Hozir borib to‘ppa-to‘g‘ri so‘rasammi? So‘ray. Yo‘q! So‘z bilan so‘rash bo‘lmaydi… Qani mening chek daftarim? Ha, mana. O‘ruscha yozishni bilmayman-ku. Bo‘lmasa, sifrini yozib tagiga qo‘l qo‘yay… bo‘ldi!» M a r y a m. «Jakobni kuni bo‘yi ko‘rmadim. Ovqatdan keyin o‘z uyiga chiqib ketdi. Anchagacha kutib o‘tirdim, kirmadi. Nima bo‘ladi bu ishlarning oxiri? Men haydaladigan bo‘ldimmi? O‘zini bu qadar chetga olishidan, og‘ir o‘ychanligidan qo‘rqaman. Soat necha? Ho‘-ho‘… 11 ga yaqinlashibdi. Kech kirganda yomon uxlabman. Jakob yotib qolgandir endi? Erta bilangacha yana judolik! Endi o‘rnimdan tursam… bir vannaxonaga chiqib… yaxshilab yuvinsam. Undan keyin bir narsa yeb… pastga tushsam… Zerikdim. Baxtim yo‘q mening! Xazon vaqti… tabiat asta-asta o‘lib boradi… Shundayda mening o‘luk ko‘nglim tirildi. Yana o‘lish uchunmi?.. Bir yaxshi sovuq suvki! Rohatlar qildim. Bu nima? Yo tavba! Men chiqib ketgandan keyin Jakob kirganga o‘xshaydi… Chek! Tamom! Sho‘rim quridi…» J a k o b. «Bir quchoq gazet olib kelib o‘qidim. Tili g‘alizroq… tez charchayman. Shu kecha Maryam bilan birga yotib, erta bilan qo‘liga chekni beray deb edim, keyin mulohaza qildim: mundan «Ishing bitdi. Xayr endi!» degan narsani anglamasin, dedim. Chekni avval berdim. Anglarmikan? Bir ozdan so‘ng uyimni qulflab yoniga boraman». Maryam. «…Qancha yig‘lasam, shuncha darmonim quriydi. Qrim sayohati peshonamga yozilmagan ekan. Bir kecha-ikki kecha, ket deguncha, birga bo‘laman. Mendan oladiganini oladi… So‘ngra pulni olib chiqib ketaman. Yana burungi xulya: Petrograd. Germaniya… akam. Faqat u xulyadan shu qadar qo‘rqamanki! Nima qilay, sart yigiti yo‘ldan urdi. «Sart xotiningni tashlama!» dedi, shekilli, tag‘in ziyoli. Iblis! Men qarorimni berdim, qat’iy qaror: men uni sevamn. U meni quvayotir. Mayli, bir-ikki kun tamoman meniki bo‘ladi. Sevgan odamim bilan ikki qiyomat kechani o‘tkazganman deb, shunga quvonib yurarman! Bo‘ldi! – Tuxum qovurmasimi? Mayli, bering. Bir shisha portveyn ham qo‘shib keltiring! – dedim xizmatchiga. Oh, may! Ko‘nglimda bir nash’a paydo bo‘ldi. Negadir sevinaman. Eshikni chertdilar. Kim u? Jakob!..» Jakob. «Kirganimda kechki ovqatni yeb bitirgan ekan. May ham ichibdi. O‘zi xursand! Tushunganga o‘xshaydi. Shunda ham shoshilmoqchi emasman. Ilgari bir oldidan o‘tib, ba’zi vazifalarni bo‘yniga qo‘yish kerak deb bilaman. Turib kelib bo‘ynimga osildi. Mastlik bilan juda qattiq, jinnilarcha osildi. Men ham muqobala qildim… Faqat birozdan so‘ng qo‘lini bo‘ynimdan olib qo‘yib: – O‘tir, – dedim. – «Meni quvma, Jakob! – dedi. – Men senga bir-ikki kechalik mehmonman! Shu ikki kechaning ixtiyori menda! Men – jinlanganman, men – o‘tman, olovman! Qarshi kelma menga!» Kuldim. – Men senga xotin bo‘l deb taklif qilmoqchiman. Sen nega mehmonman deysan? Yo men bilan birga yashashni istamaysanmi? Rangi o‘chdi. Ko‘zlari yoshlandi. Qaltiroq bosdi. Nafasi ichiga tushdi. Yoniga o‘tib erkalatdim. So‘ngra o‘ziga keldi. – O‘ngimmi, tushimmi? – dedi. – Rost aytasanmi? Yo hazilmi? Munaqa hazillar odamning o‘lishiga sabab bo‘ladi, Jakob! – Bilasanmi, Maryam, mening ikki qizim, bir o‘g‘lim bor. – Bo‘lsin. – Katta qizim 12 da, qolganlari undan kichik… – Juda yaxshi. – Bolalarning saodati uchun xotinga javob berishga to‘g‘ri keladi. Boshqa chora yo‘q. Qizlarni-ku bermas, o‘g‘limni olaman-u, tarbiyasini senga topshiraman. Nima deysan? «Rost aytasanmi» deganni qilib ko‘zimga qaradi. Men «rost» degan ma’noda bosh tebratdim. – Men senikiman. Nima desang shu! Ikki kishilik joy so‘rab, sanatoriyaga shoshilish telegram jo‘natdik. Deraza yonidagi keng va yumshoq kursiga o‘zimni tashladim. – Endi meniki bo‘ldingmi, Maryam? – dedim. Totli-totli kulimsirab kelib qarshimda to‘xtadi: – Ko‘rishgan kunimizdan beri! – dedi. O‘zi juda sokin va yuvosh edi. Telbalarcha quturishlari ko‘rinmasidi. Ko‘p intizordan so‘ng sevganiga qovushadigan haroratli juvonga o‘xshamasidi. Nechundir ko‘pdan beri er bilan yashab kelgan bir oila xotinining sokinligi boridi. Iliq sokinlik… – Tugmani bos, – dedim. Xizmatchi keldi, soat 11 bo‘lib qolganiga qaramasdan, vannani qizitishga buyurdim. Nomer xalqi pulni yaxshi ko‘radi. Bitta uch so‘mlikni olib, bir nafasda hozir qildi. Maryamning pardozi uzoq ketishini bilganim uchun bemalol yuvinib chiqdim. Men chiqquncha Maryam kiyinib bo‘lgan edi. – Soat necha? – deb so‘radim – 12 dan bir oz o‘tibdi. : – Qani, yur bo‘lmasa! Ko‘zlari olaydi! – Qayerga? Yarim kechada-ya? – Yuraber, sen menikisan. Yana totli-totli kuldi. Moskavda no‘g‘oylarning machiti borligini toshkentlik yigitdan eshitgan edim. U yigit shuni ayta turib ham jadidligini qildi: «Ko‘rdingizmi, – dedi, – dinli bo‘lish libosga qaramaydi. Bizning johil ulamo kimning salla-choponi bo‘lsa musulmon deydi. Holbuki, musulmonlik kiyimda emas, qalbda, dilda. Rus tilida bo‘lsa ham besh vaqt namozlarini tark qilmayturgan musulmonlar bor». Yarim kechalarda biz – ikki telba ta’qibdan qochgan o‘g‘riday Moskav ko‘chalarida ot qo‘yib ketdik. Imomni uyg‘otib chiqdilar. – Nikoh, hazrat, – dedim, no‘g‘oylar domlalarni «hazrat» der ekanlar. Bir menga, bir unga qaradi. – Siz-ku musulmonsiz, bilaman. Bu xonim musulmonmi, yo‘qmi? – deb so‘radi. – Hali hozircha yo‘q. – Qanday bo‘lar ekan? Uyquli ko‘zlari bilan menga qaradi. Bitta o‘n so‘mlikni uzatdim: – Musulmonchilik – asta-sekinlik, hazrat. Asta-asta yo‘lga solib olamiz. Pulni olib, doktorlar singari qaramasdan kissasiga soldi: – Voqean, – dedi hazrat, – shariatda ham javob borku-ya… Ko‘p o‘tmasdan so‘fini chaqirib chiqdi. Uni shohid qilib turib nikohimizni o‘qidi. So‘figa ham bir narsa berdik. Shu bilan mening nomim o‘zicha qolib, yangi xotinimning nomi «Bibi Maryam Oysha qizi» bo‘ldi… Oysha qizi bilan er-xotin bo‘lib, uyga qaytgan vaqtimizda soat ikkiga yaqinlashib kelardi». M a r y a m. «Yo rabbiy! Nikoh o‘qitib keldik, nikoh! Men agar boshim aylanib yiqilsam, hech bir taajjub qiladigan joyi yo‘q. Mundan bir necha soat burun ko‘z oldimda o‘limdan boshqa hech narsa ko‘rinmasdi. Ko‘zimdagi tuman boshqa narsani ko‘rsatmas edi. Holbuki, hali yosh edim va yashamoq istardim!» Endi – nikoh! Nikohli er! Manfur botqoqdan abadiy qutulish! Faqat… qanday nikoh? Boshqa va begona bir dinning haddan tashqari sodda va o‘z ummatlari singari vahshiy nikohi… Na jilo, na porloqlik! Na savlat, na hasham! Hind faqiri qadar sodda va yalang‘och… O‘chgan yonar tog‘lar kabi nursiz va ziyosiz. Eskirgan kema kabi ravnaqsiz va ayanch… Yo‘q! Yo‘q! Yo‘q! Bu, balki, hamma uchun – shunday. Ammo men uchun… men uchun undan issiq, undan yorug‘, undan porloq va muhtasham nikoh yo‘q! Endi hamma iztiroblar – orqada, hamma qora kunlar – o‘tdi. Endi u – meniki, o‘zimniki!» J a k o b. «Mana, Maryam endi meniki bo‘ldi. O‘zimniki, o‘zimdan boshqaga tirnog‘i ham tegmaydi. Ana u aytgandek, dushmanning bu fitnachi qizini qo‘ynimga olarkan, uning hali hech bir qondirilmagan, chanqoq va qizg‘in lablariga lablarimni qo‘yarkan, millatni, uning johil onalarini, bechora qizim, singlim va opalarimni o‘ylashim kerak… Odamning nafasi shunaqa o‘tkirmi? Bir xushmo‘ylov toshkentlik to‘rt kunda meni boshqa ko‘chalarga burib yubordi! Men hali puxta jadid bo‘lganim yo‘q… Jadidlar to‘g‘risida gumonlarim yo‘q emas. Lekin ko‘nglim o‘sha tomonga mayl qilib qoldi. Men ham endi «millat odam bo‘lsin!» deyman. «Ota-bobolar yo‘li haq» deyishga endi tilim bormaydi. Jadidlarni ham «bular – haq!» deb ochiq aytolmayman… Ammo jadidlarning deganlarini boshqalarning deganlaridan ko‘ra osonroq va tezroq anglayman… Yo ular o‘zlari shunaqa chechan odamlarmikan? Bizning Shahobiddin domla to‘rt og‘iz gapirguncha odamni sil qilib yuboradi. U gapirganda o‘z gapiga o‘zi ham ishonolmaganday gapiradi… Hech bir ta’siri yo‘q! Yo‘q, bizning musulmonlar ham endi tartib, nizomga tushmasalar bo‘lmaydi! Maryamning ko‘zlarida g‘alati bir olov yonadi. Shu topda shu ko‘zga jon bersam arziydi. Bir hafta-o‘n kun burun nomerda ko‘p qatori tasarruf qilgan bo‘lsam, bugun qanday asar qolardi? Hech qanday! Akbarali nechtasini tasarruf qildi? Behisob! O‘zim ham behisob tasarruf qilganman. Bugun bir asari bormi? Yo‘q! Qo‘l yuvib to‘kilgan suvday izsiz-asarsiz o‘tdi-ketdi hammasi… Bu-chi? Bu qanoat orqasida qo‘lga kelgan davlat! Bu, xushmo‘ylov yigit aytganday, millat bolalariga haqiqiy onalar qozonish yo‘lini ko‘rsatadi. Bu millatga xizmatning boshi, boshlanishi!…» M a r y a m. «Jakob fonarni o‘chirgan edi, men yana yoqdim. Bu daf’a u hayron bo‘ldi: uning ko‘z oldida boyagi chekni mayda-mayda qilib yirtdim. U peshonamdan yumshoqqina bir o‘pib qo‘ydi. Shundan keyin fonar endi bu kecha yonmaydigan bo‘lib o‘chdi. Tashqarida telba shamol quturardi… Mayli, qutursin, menga nima!..» Kecha va kunduz — 13-bob Sultonxon… Zebining mingboshiga unashilganini eshitgandan keyin Sultonxon har narsadan umidini uzgan edi. O‘sha kunning o‘zidayoq masalani ko‘ndalang qilib qo‘ydi. – Men chiqaman mingboshidan! – dedi onasiga. – Boshqa erga tegaman. Ustimga kundosh kelishiga tobim yo‘q. – Bir oz bardosh qil, qizim. – Bardoshi nimasi? Poshshaxon necha yildan beri bardosh qilib yosh umrini chiritdi. O‘sha badbashara kuyovining yuzini ham besh oygina to‘yib ko‘rgan emas! – O‘shalar ham qanoat qilib o‘tiribdi-ku, qizim. – Ular esini yegan bo‘lsa, men yeganim yo‘q! Mening esim bor. Umr degan bir keladi. Yoshlik ham bir keladi. Ular ham umrlarini, ham yoshliklarini o‘z qo‘llari bilan o‘tga tashlar ekanlar, men ham shu jinnilikni qilaymi? Men yoshman! – Nima qilaylik bo‘lmasa? – Otamga ayting. Chiqarib olsin. – Otang xafa bo‘larmikin? – Xafa bo‘lsa, chiqarib olmasa – mendan koyimasin. Shunday ishlarni qilayki, boshini ko‘tarib yurolmaydigan bo‘lsin! – Hay, unday dema, qizim. Yaxshi niyat qil. – Niyatim yaxshi. Sevmaydigan erdan chiqib sevadiganiga tegaman, deyman. Nimasi yomon? Ikkita opam bir yaxshi o‘z tengi bilan umr qilib o‘tiribdi-ku. Mening aybim nima? Ertagacha otamdan javob olib bering. Bo‘lmasa, hammangizni yerga qarataman! Zarda qilib o‘rnidan turdi va kavshini naridan beri oyog‘iga ilib, onasi yonidan chiqa boshladi. Bu bir do‘q edi. – Jinni bo‘lma, qizim, – deb qichqirdi onasi orqasidan. – Bugunoq gaplashaman otang bilan. Tepa soching tik bo‘lmay tursin! – Ertaga javob kutaman! – degan ovoz keldi yiroqdan. Ayb Sadriddin cho‘loqning o‘zida edi. Tevarak-atrofdan ko‘p sovchi chiqdi bu qizga. Hammasini qaytardi. Ba’zilariga qiz o‘zi ham roziydi, onasi ham yo‘q demasdi. «Yo‘q, – dedi Sadri cho‘loq, – ikki qizimni qishloqiga berdim, bittasini shaharlikka beraman. Juda loyiq-qobil joyini topib, badavlat, obro‘lik odamga beraman!» Qizning yoshi o‘n yettidan o‘tganda ona tashvishlandi: «Nimaga shaharlikka beraman deysiz? Qizning yoshi o‘n sakkizga ketdi. Bekor qaritib qo‘yasiz!» deb ko‘rdi. Bunga qarshi o‘jar cho‘loq: «Avval quda qilib, keyincha o‘zim ham shaharga ko‘chmoqchiman», – deb javob berdi. Xullas, uning o‘jarligini yengolmadilar. Qiz chiroylik, oppoq, do‘ndiq va ta’rifi bo‘lganidan cho‘loqning bu katta umidi ancha davom etdi. Uning bu ahmoqlarcha o‘jarligini faqat mingboshining obro‘si sindira oldi. Mingboshiga rad javobi berib, uning qo‘l ostida tinch turolmasligini bildi va «xo‘p» dedi. Mingboshi ta’rifiga qiziqib uni olgandan so‘ng bir kun o‘tmasdan odamlarga «qari qiz ekan» deb gapirdi… Shunda Sultonxon ota-onasini qarg‘ab qancha yig‘lagan edi. Hozir qiz 19 ga yetayozib qolgan. Chinakam, mingboshi yangi qayliqni olib, muni butunlay tashlab yubordi. Jabr, axir, yosh narsaga! Xotinining ma’qul so‘zlarini qaytarolmagan Sadri cho‘loq o‘z o‘rtog‘i Abdulla Sarkorni mingboshiga vakil qilib yubordi. «Shuncha yil yaxshimi, yomonmi – xizmatlarini qildi. Endi yangi kanizaklari bor. Munisiga ruxsat bersalar. Yoshi o‘tmay turib bir joyga bersak». Sadri cho‘loqning elchisiga ham mingboshi Poshshaxonning otasi tomonidan qo‘yilgan elchiga bergan javobni berdi. Muning ustiga yana ta’na ham qilib qo‘ydi: «Kim olardi endi u kampirni?» Sadri cho‘loq bu javobni eshitgandan keyin alamiga chidolmasdan bir oyog‘i bilan dikang-dikang qilsa ham, tishini tishiga qo‘yib chidashga majbur edi. Mingboshiga kuchi yetadimi? Shaharga ariza berishi mumkin: «Advokat yaxshi pul olib, yaxshi ariza yozib beradi. Foydasi bo‘ladimi? Hamma amaldorning tili bir emasmi? Shuncha ariza berganlar nima qiloldi? Bu zolimning jabriga xudo o‘zi xat tortmasa, bandasi… nevlay-da!» Kampir yig‘lab yubordi. Yengi bilan ko‘z yoshini artarkan: – Qizning avzoyi buzuq! – dedi. – Mingboshidan chiqarib olmasa, satanglar bilan do‘st tutishaman, deydi. Nima qildik endi? – Nima qilarding? – dedi Sadri cho‘loq pastgina ovoz bilan. – Bardosh qilasan, chidaysan. Boshqa iloji yo‘q. – Satanglarnikiga borib dutor-mutorga ilasharmikan? Yosh narsa… – Yotig‘i bilan ayt: mayli endi, vaqtini choq qilib yursa yuratursin, ammo-lekin haddini bilsin, haddini… Cho‘loq o‘rnidan turdi. – Voy, o‘laqolay! – dedi kampir. – Sho‘rim bor ekan! Otasi fotiha bermasa ham, yosh juvonga o‘z ko‘nglini bir ish qilib ovutmoqdan boshqa chora qolmagan edi. Bu to‘g‘rida unga maslahat ko‘rsatadigan mahram o‘rtoqlari bo‘lmaganidan hamda opalari biri unda, biri bunda sochilib, o‘z-o‘zlari bilan ovora bo‘lganlaridan, ovunish yo‘llarini qizning o‘zi axtarishga majbur. «Undan keyin, opalarga ishonib bo‘ladimi? Opa – ba’zida do‘st, ba’zida – dushman… Singil ham shunday!» Ishni avval o‘zi tug‘ilgan uyda boshladi. Mingboshinikiga borishni bir yoqqa tashlab qo‘yib, har kun o‘rtoqlarini to‘plar, o‘yin-kulgi, dutor, ashulla bazmlari qilardi. Keyincha ular bilan birga u yoq-bu yoqqa yuradigan bo‘ldi. Bular hammasi jonga tekkanda, o‘tirib yig‘lar, so‘ngra mingboshinikiga qarab jo‘nardi. U yerda ko‘proq Umrinisabibinikiga, Enaxonlarnikiga o‘tar, qallob baqqolning egizak qizlari bilan tolalarga chiqib o‘ynardi. Zebi kelin bo‘lib kelib birinchi marta shaytonlaganda, yana kurash olovi tutashdi. Umrinisabibining harakati bilan tutqaloq har kun tutadigan bo‘ldi. Bechora soddadil Sultonxon hovliqma Umrinisabibining so‘zi bilan u tutqaloqlarga anchagacha umid ham bog‘lab yurdi. «Mingboshi, bir jahli kelsa, haydab soladi yashshamagurni!» deb o‘yladi. Rashk olovi bir oz pasayganda, orqa-oldini ham o‘ylab ko‘radi: «Xo‘p, u yashshamagurni haydadi. Yaxshi! Mundan menga nima? Uni haydab menga qaytarmidi? Yana bittani oladi. Men yana yetim bo‘lib yura beraman. Mayli, o‘sha yashshamagur bilan bo‘la qolsin!» Bu insof ovozini boshqa bir ovoz chiqib bosadi: «Bu ishni qilgan Poshshaxon bilan Xadichaxon. Men u shaharlik qiz bilan olishmayman. Unga adovatim yo‘q. Men nomus kuchidan anovi ikkalasi bilan olishaman!» Mana shu ovoz uni ko‘p kuchlar sarf qilib, bir necha kun Zebini shaytonlatdirishga majbur qildi. U ham bir necha kun, xolos… Chunki bir-ikki kundan keyin o‘zi ham bu fikrdan qaytib qolgan edi. Ikkinchi tomondan, ikkala katta kundoshning Zebini yumshatish uchun juda qattiq harakat qilayotganlarini eshitdi. Endi Umrinisabibi bilan uning qizini oyoq bostirmay qo‘ydilar. Enaxonga ham katta kundoshlar sovuq muomala qilganlar. U endi kam chiqarmish. O‘zi yolg‘iz qolgan Zebi qachongacha chidash beroladi? Shu bilan Sultonxon bu kurashda yengilganiga o‘z-o‘zicha iqror bo‘ldi. Endi nima qilish kerak? «Yana o‘z kayfimga qarayman!» dedi u o‘z-o‘ziga. Qandoq qilib «o‘z kayfiga qarash» masalasi oson masala emasidi. Endi u masalani «qandoq qilib yosh umrimda orzu-havas ko‘rib qolaman?» degan shaklda qo‘yishga to‘g‘ri kelardi. Satanglarni uncha ham jini sevmas edi. Uning miyasida, boshda chuchmalroq bo‘lsa ham, satanglikdan ko‘ra yomonroq va mudhishroq qadamlarga tortuvchi xayollar qo‘zg‘aldi… Uch kecha tuni bo‘yi uxlamasdan, butun xayoliga zo‘r berib, ag‘anay-ag‘anay o‘ylagandan so‘ng qat’iy qarorini berdi… va shu bilan tinchlanib uyquga ketdi. Ertasi kuni peshingacha dang qotib uxlaganini ko‘rgan kampir hayron bo‘ldi: – Shunaqa ham uxlaydimi odam degan? Tur, aylanay, bolam. Ko‘zini ochib biroz qarab turgach, onasini quchoqladi: – Oyi, o‘ping peshonamdan! Menga insof kirib qoldi. Endi kundoshlarimning yoniga jo‘nayman. Ular bilan apoq-chapoq bo‘lib yashayman. – Aylanay bolam, eslik bolam, kenja bolam! – deb erkalatdi kampir. O‘sha kuni kechlatib mingboshinikiga jo‘nadi. Hakimjonning Miryoqubga aytgan quyidagi so‘zlari to‘g‘ri edi: «Endi birdaniga juda boshqacha bo‘lib kelibdi. Darvozadan kulib, quvnab kirib kelgan emish. Hamma hayron deydi». Miryoqub ham bekor aytadi deb bo‘lmaydi: «Xotin kishining ko‘nglini xudodan boshqa hech kim bilmaydi. Ishqilib, mundan qo‘rqqulik!» degan edi u. Ikki katta kundosh dushmanlarining bu xilda o‘zgarishi sababini bilolmadilar. Xadichaxon: – Esini topsa topgandir, – dedi. Poshshaxon bu fikrga qo‘shilmadi: – «Tashi yaltiroq, ichi qaltiroq» degan gap bor, – dedi u. – Muning bu kulishidan qo‘rqaman! Zebixon bilan muncha apoq-chapoq bo‘lishi bekor deysizmi? Xadichaxon o‘z so‘zida qattiq turdi: – Nima qilsin? Qo‘lidan nima keladi? Kuyovingizdan chiqib boshqa erga tegaman, deb edi, kuyovingiz ko‘nmadi. Otasi qizini har qancha yaxshi ko‘rsa ham, mingboshi bilan o‘chakishuvdan qo‘rqadi. Mingboshi bo‘lsa qayrilib ham qaramaydi… Nima qilsin? Qayerga borsin? Nochor-noiloj o‘zini xursand qilib yuradi-da. – Zebixon bilan apoq-chapoq bo‘lganiga nima deysiz? O‘zining ashaddiy dushmani?.. – U ham noilojlikdan, aylanay. Boshqa iloji yo‘q. Undan keyin, Zebixon yomon qizmi? Kim o‘rtoq bo‘lishni xohlamaydi? Xushchaqchaq, bazmbob, ochiq… – Yo‘q, jonim, xom o‘ylaysiz. Juda xom o‘ylaysiz. – Ko‘rarmiz. Bir kun ma’lum bo‘ladi. – Ha, ko‘rarmiz. Sultonxon bo‘lsa ko‘zini to‘rt qilib, tashqaridan bironta arizachi xotinning kirib kelishini kutardi. Mingboshiga ariza olib keladigan xotinlar, aksari, qatiq, qaymoq va qovun-tarvuz singari narsalarni ko‘tarib kelib, uch kundoshdan qaysi biri uchrasa, shunga yolvorardilar. – Aylanay, oyimposhsha, shu arizani eringizga berib qo‘ying. Nohaqdan bola-bechoraga zulm qilayotirlar… Aylanay bolam, orzu-havaslaringizga yeting, bola-chaqa ko‘ring, tilagingizni bersin xudoyim! Mingboshi dodxoning xotinlari munaqa yolvorishlarga juda balanddan turib qarardilar. Arizachi xotinlarning yaxshi tilaklari ularni ko‘pda qiziqtirmas edi. – O‘ziga bering, xola! Biz aralashmaymiz… – Aylanib ketay, sizdan nima ketadi? Bir og‘iz so‘z… Bizning qo‘limizdan olmaydi. – O‘-o‘v… xola! Juda shallaqi narsa ekansiz. O‘zi olmasa, mirzasiga bering. Bechora kampirlar yig‘lagunday bo‘lib, ichlarida qarg‘ay-qarg‘ay chiqib ketardilar. Mingboshi shoshilish ravishda shaharga chaqirilgan edi. Sultonxon «arizachi kampirlarning ichkariga qatnashi endi avj oladi» deb kutardi. Hech kim yo‘q… kechgacha hech qayerga chiqmay – dam uyida, dam ayvonda, dam sahnda o‘tirib – ko‘p kutdi… Hech kim kirib kelmadi. «Nima balo bo‘ldi bu arizachilarga? – deb o‘ylardi u. – Kerak bo‘lmaganda quloq-miyangni yeydilar. Kerak bo‘lganda jimib ketadilar… Teskari dunyo!» Nihoyat, asr bilan shom o‘rtasida bir kampir kirib keldi. Shu topda ikkala katta kundosh Zebining uyida ovqat ustida edilar. – Aylanay bolam, – dedi kampir. – Mingboshi dodxoga arz bilan kelib edim… – Obbo, yana bitta arizachi keldi. Shulardan to‘ydim bu dargohda! – degan ovoz eshitildi Zebining uyidan: Poshshaxonning ovoziydi. – Qayerdan keldingiz? – dedi Sultonxon va ayvondan pastga tushdi. – Qo‘ya bernng, – dedi uyoqdan Xadichaxon. – Kundoshingiz muomala qilayotir. U hali zerikmaganga o‘xshaydi. – Toshloqdan keldim, aylanay. Shuncha joydan piyoda keldim. Qari narsaman. – O‘zingiz kim bo‘lasiz? – Men, aylanay, Qiyomiddin hojining onasi bo‘laman. Tanirmikansiz? – Voy, aylanay xola, – dedi birdaniga Sultonxon. – Qiyomiddin hoji akamning onasimisiz? Voy, u kishi otamning eng yaqin o‘rtog‘i-ku! Ikkala «qadrdon» quchoqlashib ko‘risha ketdilar. Sultonxon butun bu suhbatni kundoshlariga eshitdirmoq uchun mumkin qadar baland ovoz bilan olib borardi. – Ana, topishib ham ketdi! – dedi Xadichaxon ichkaridan. – «Pes pes bilan… qorong‘ida!» – dedi Poshshaxon. – Hay, ana u xotinni… Nega unday deysiz? Nafasingiz qursin! Bu Zebining ovozi edi. – Xo‘p, xolajon, Qiyomiddnn hoji akamning ishlari bo‘lsa, albatta to‘g‘rilaymiz. Paranjingizni olib bir nafas o‘tiring, biror piyola choy ichib, dam olib ketarsiz. – Yo‘q, aylanay, o‘tirsam kechga qolib ketarman. Shomdan keyin yolg‘iz ketishga qo‘rqaman. – Odam qo‘shamiz, xolajon. O‘tiring, choyim tayyor. – Voy, aylanaqolay, ishimning o‘ngidan kelganini qarang. Choyga o‘tirdilar. – Qani, arizangizni menga bering-chi. Arizani olib u yoq-bu yog‘ini qaradi. So‘ngra o‘ng cho‘ntagiga solib qo‘ydi. – Qiyomdan oling, xolajon. Arizangizni darhol to‘g‘rilatamiz. – Xudo yarlaqasin, bolam. Kampirga ikkinchi piyola choyni uzatib uyiga kirdi. O‘ng cho‘ntagidagi arizaning ichiga chap cho‘ntagidagi «ariza»ni ham olib qo‘shgach, yana kampirning yoniga chiqdi. – Nonga qarang, xola. Qiyomdan oling! – Endi men jo‘nayin, bolam. Arizani o‘zingiz kuyovingizga topshirib qo‘yarsiz. – Odam qo‘shaymi? – Yo‘q, aylanay, ovora bo‘lmang. Vaqt bor, o‘zim ham keta olarman. Turdilar. – Xolajon, tashqarida Hakimjon degan mirza bor. Bu arizani o‘sha kishiga berib o‘ting. «Mingboshi dodxoning xotinlari – Sultonxon ayangiz tayinladilar» deng. Undan keyin o‘zim ham chaqirib tayinlayman. Hamma ish o‘shanda. O‘sha o‘zi to‘g‘rilab yuboradi. – Ilohim, orzu-havasingizga yeting, aylanay! – Ehtiyot bo‘ling, xola. Boshqa birovning arizasini ham qo‘shib qo‘ydim. U ham zarur edi. Kampir paranjisini yopindi. – Xolajon, – dedi Sultonxon ovozini pasaytirib, – mirzaga jinday pul berish kerak edi. Kampir yonini kavladi. – Bor-yo‘g‘i uch tanga pulim bor ekan, bo‘larmikan? – Shoshmang, xola, eplaymiz. Uyga kirib bitta uch so‘mlik qog‘oz olib chiqib kampirga uzatdi. – Yaxshi qoling, aylanay, bolam! Hakimjon ovqatni endi yeb bo‘lib, so‘richada choy ichib o‘tirardi. – Aylanay bolam, Hakimjon mirza sizmisiz? – Ha, men. – Mana bu arizani… – Mingboshi o‘zlari yo‘q, xola, ertaga olib keling. – Mingboshi dodxoning xotinlari Sultonxon ayangiz tayinladilar. Mana, ikkita ariza, – dedi kampir va ustiga pulni qo‘yib uzatdi. Birinchi galda pulni cho‘ntakka solgach, arizani ocha boshladi. – Bo‘pti, xola. Siz bora bering. Juma kuni erta bilan javobini olasiz. Kampir duo qila-qila chiqib ketdi. Hakimjon kampirning arizasini o‘z odati bo‘yicha naridan beri o‘qib chiqdi. «Ha, oson ish ekan» deb qo‘yib, cho‘ntagiga soldi. Ikkinchi arizani ochdi. – Xudoyo to‘vba! Bu nima gap? Chiroqqa yaqin olib bordi. Bir choy qog‘ozning orqasiga oddiy qarandash qalam bilan: Fatonatlik ey yaxshilar sarvari, Basharmusen yo maloik, yo pari? Jafo qilsang, ko‘p oshiqning daftari, Ne gunohim, menga tanho aylading, – deb to‘rt xat bayt yozilgan. Tagiga juda savodsiz va xunuk xat bilan quyidagi so‘zlar ortdirilgan edi: Dardingizda ezilib ado bo‘ldim, Ko‘rishmak iloji bormikin? Hakimjon bu xatni qayta-qayta o‘qidi. O‘zi juda yuvosh va beozor bo‘lgan bu bola umrida birinchi marta yuragining o‘ziga bo‘yinsunmaganini, nogahon uyg‘otilgan ko‘nglining g‘alati hislar bilan entikkanini, ko‘kragida og‘ir bir to‘qmoqning to‘xtovsiz bir ko‘tarilib, bir tushib turganini va o‘ziga yot bo‘lgan allaqanday tumanli xayollarning miyasida poyga qo‘ya boshlaganini sezdi. «Ariza»ni beruvchi ham, oluvchi ham bu kecha uxlagani yo‘q. Ertasi kuni ertalab ikki katta kundosh Zebi bilan birga hovlida – hovuz bo‘yida nonushtaga o‘tirdilar. Dasturxonda yangi uzilgan va shudring yegan salqin uzum boridi. Zebining so‘rovi bilan Xadichaxon yomon ko‘rgan kundoshini – Sultonxonni ham chaqirdi, – Xo‘p, – dedi Sultonxon, – birgalashib nonushta qilaylik. Men Hakimjonni chaqirib kechagi Qiyomiddin hoji akamning arizalarini tayinlab qo‘yay… Juda uyatlik odamlar edi. Undan keyin xushchaqchaq kulishamiz. Xadichaxonni hovuz bo‘yiga jo‘natib, o‘zi tashqari eshik oldiga keldi. Eshikdan boshini chiqarib u yoq-bu yoqqa qaradi. Hech kim yo‘q… – Hakimjon, ho Hakimjon! Mehmonxonadan Hakimjon chiqib keldi. – Xo‘sh! Kim u chaqirgan? – Menman, men. Sultonxon ayangiz. Bir-ikki og‘iz gapim boridi. O‘zini panaga oldi. Hakimjon qip-qizarib, cho‘g‘day yonib, eshik yonida to‘xtadi. Ikki ko‘zi ko‘cha tomonda – darvozada… Sultonxonning ovozida hech qanday qaltirash, qo‘rqish va tortinish asarlari yo‘q edi, xuddi qichqirganday chiqardi. Har bir so‘zi dona-dona va dadil-dadil aytilardi. «Xat yozgan boshqa bo‘lsa kerak, – deb o‘yladi Hakimjon. – Munaqa nozik gaplar munday dadillik bilan aytilmaydi». – Mirshablar qani? – deb so‘radi Sultonxon ovozini pasaytirib, o‘zi panada turardi. – Ikkitasi shaharda, bittasini guzarga chiqardim, ellikboshini topib kelish uchun… – Yaxshi qilibsiz… So‘ngra ovozini ko‘tara tushdi: – Kecha bir kampir sizga ariza topshirgan bo‘lsa kerak. Men tayinlab edim. – Ha, topshirdi. – O‘sha ariza bergan odam otamning juda qalin o‘rtog‘i. Mingboshi dodxoning qo‘llari tegmasa, o‘zingiz bir narsa qilib to‘g‘rilab yuboring. Juda uyatlik odam edi. Qiyomiddin hoji degan, toshloqlik. – Oson ish ekan. O‘zim to‘g‘rilab yuboraman. – Shunday qiling, mirza. Ovozini pasaytira tushdi: – Mirshabingiz kelgani yo‘qmi? – Hali tez kelmas. Ellikboshi shu topda guzarda bormi, yo‘qmi… Eshikdan mo‘ralagan bo‘lib Hakimjonga jindakkina ko‘rinib qo‘ydi. Hakimjon battar qizardi va orqaga tisarildi. – Muncha qo‘rqasiz? Yaqinroq keling… – dedi Sultonxon juda past ovoz bilan. – Sizni birov yeb qo‘yadimi? – Yo‘g‘-e, – dedi Hakimjon zo‘rg‘a-zo‘rg‘a. – Xatni o‘qidingizmi? – Ha… o‘qidim… – Achchig‘ingiz kelgani yo‘qmi? – Nega, nega… xursand bo‘ldim… – Xursand bo‘ldingizmi? Rostdan-a? Shu onda hovuz bo‘yidan kundoshlarning baland qahqahalari eshitildi. – Boshim osmonga yetdi. – Nechaga kirdingiz? – dedi birdaniga Sultonxon. Yana ko‘rinish berdi. Bu kutilmagan savolga Hakimjon hayron bo‘ldi. – Yigirma to‘rtga… – Yigirma to‘rtga? Yosh ekansiz… Muncha qochasiz odamdan? Nimadan qo‘rqasiz? Beriroq kelsangiz-chi… Hakimjon bir-ikki qadam oldinga bosib, ko‘zlarini yerdan ololmay to‘xtadi. Sultonxon boshini chiqara tushib Hakimjonga tikildi. Suzilgan va maylli ko‘zlari o‘tdek yonardi. Sekingina bir «uh» tortdi. «Qip-qizil cho‘g‘…» dedi o‘z-o‘ziga. – Shunaqa uyalchanmisiz? – Uyalganim yo‘q… – Ha, yolg‘onchi! Nimaga, bo‘lmasa, qip-qizil cho‘qqa aylanib ketibsiz? – Bilmasam… – Xatga achchig‘ingiz kelgani yo‘qmi? – deb yana so‘radi Sultonxon. – Yo‘q… nega? Juda xursand bo‘ldim… – Kichkina hujrada kecha-kunduz bir o‘zingiz zerikmaysizmi? Hakimjon angladi. – Zeriksam qandoq qilay? Xudo ovunchoq berib qolar… – Astoydil tilab tursangiz, ajab emas. Ha, boring endi, sizni qiynab qo‘ydim… Hakimjon o‘rnidan jilolmay qoldi. Hovuz bo‘yidan yana qahqaha yuksaldi. Sultonxon qizarib turgan yosh yigitga oxirgi marta tashna nazarlarini tashlab, asta-asta yiroqlashdi… Sultonxon yaqindagina mingboshining yosh va sevimli xotini bo‘lganligidan ichkaridagi uylarning eng katta, yasadoq va savlatlisi unga berilgan edi. Ichkarining etagida, bir yoni hovuz oldidagi maydonchaga yopishadigan bu sirkorlik uy ichkaridagi boshqa uylarning har biridan bir, bir yarim barobar zo‘r keladi. Poshshaxon bilan Xadichaxonni o‘rtagan alamlarning biri shu uy emasmikin? Ajab emas: eng yaxshi uy eng sevimli xotinniki bo‘ladi-da! Zebining to‘yiga ikki-uch kun qolganda, Sultonxonning yo‘qligidan foydalanib, ikkala katta kundosh u katta uyni bo‘shatdilar: Sultonxonning uncha ko‘p bo‘lmagan ro‘zg‘or va kiyim-kechaklarini bevosita tashqariga yopishadigan kichkinagina, pastgina, taxta shiftli va oddiy ganchli bir uychaga ko‘chirib qo‘ydilar. «Ortiqcha haqorat bo‘lib ketmasin» degan mulohaza bilan Xadichaxon o‘zi Sultonxonning hamma bisotini kichkina uyga chiroylik qilib joylab ham qo‘ydi. Hatto katta uyda yetimdek ko‘rinadigan bir siqim ro‘zg‘or va kiyim-kechak kichkina uychani kemtiksiz to‘ldirdi; katta uyning bir chekasida na u yoqqa va na bu yoqqa qarashini bilmay sargardon bo‘lgan chiroyli qashqar gilami bu kichkina uyga juda choq keldi. Shunday qilib, bu majburiy ko‘chirish Sultonxonga chigilinggina va so‘lungina bir uycha baxsh etdi. U kichkina uychaning ichkari tomon yonboshida, Xadichaxonning daxlizi bilan bir qatorda, kichkina bir ganjinacha bo‘lib, unda qish ichi meva-cheva va qovun-tarvuz saqlanar, bir-ikkita semiz oshqovoqlar chirib tamom bo‘lguncha o‘sha qorong‘i ganjinada qolardilar. Ganjinaning o‘ng tomonida, bo‘rgarlik obrez yonida tashlangan bir o‘choq, necha yildan beri yotgan bir quchoq o‘tin, devolda sirkadan bo‘shalgan bir-ikkita qovoq… Ganjinaning butun borligi shundan iborat! Chap tomonda esa bir odamning yarim bo‘yi qadar keladigan tor va kichkina daricha. Bino bo‘lganidan beri ko‘p bo‘lsa ikki-uch marta ochilgan, ichkaridagilardan hech birining esida va xayolida ham qolmagan bu darichadan oshib o‘tsangiz, qator-qator uylarning ketidagi kattakon va tartibsiz o‘stirilgan boqchaga tushasiz. Darichaning chap tomonida – besh qadam narida – ichkari bokchasi bilan tashqari boqchasini bir-biridan ayirgan besh paxsali eski devol. Devolning uylarga yaqin bir yerida – bu ham o‘n qadamdan oshmaydi – ichkariga ochiladigan bir qanotli eski eshik, ichkaridan zanjirlanadi. Eshikdan u yoqqa o‘tsangiz, tashqarining cho‘ziq, ensiz boqchasi. Unga faqat mirzaxonadan bir deraza va bir eshik ochiladi. Deraza oldida Hakimjonning yozuv stoli. Mirzaxonadan bir eshik dahlizga ochiladi, bir eshikcha Hakimjonning kichkinagina hujrasiga olib kiradi. Ichkaridagi uylarning boshqa hech biridan boqcha tomonga na deraza bor va na eshik. Chunki boqcha – ko‘cha demak, ko‘chada nomahram bo‘ladi, nomahram nazaridan o‘z nomusli xotinini saqlash – har bir musulmonning vazifasi! Qat’iy qarorini berib, miyada chala-chulpa ishlangan planlar bilan erinikiga qaytgan Sultonxon bu majburiy ko‘chirishdan xursand bo‘lgan va o‘z kundoshlarini ko‘ngildangina olqishlagan edi. Hovuz bo‘yida kundoshlari bilan o‘ynab-kulib nonushta qilgandan keyin, ichkarining keng sahni o‘rtasida – shaftoli tagidagi so‘richada yig‘ishtirilmasdan turgan o‘rinlarini yig‘ishtirdi, asta-sekin uychasiga tashimoqqa boshladi. – Hay, qishga bir talay bor, halitdan uyga ko‘chayotirsizmi? – dedi Xadichaxon sahndan o‘ta turib. – Eri yo‘q, sovqotib qolgandir sho‘rlik, – deb kesatdi naridan Poshshaxon. – Erdan umidni uzganman erta qachon! – dedi baland ovoz bilan Sultonxon. Keyin o‘ziga tomon kelayotgan Zebiga qarab izoh berdi: – Tunov kun mana bu kigizning tagidan kattakon bir chayon topib o‘ldirdim… Undan keyin xuddi yong‘oqday bitta buzoqboshini o‘ldirdim. Shundan beri kechalari uxlayolmay chiqaman. Tushimga kiradi, bosirqayman… Uy yaxshi, jonginam. – Qirov ham tushib qoldi o‘zi. Yaxshi qilasiz, jonimni qoqay! – dedi Zebi. Shu «jonimni qoqay» so‘zi Sultonxonning qulog‘iga allaqanday shirin eshitilib ketdi. Zebining chin ko‘ngildan chiqarib aytgan bu so‘zi uning xitoy chinniday jaranglagan ovoziga burinib, dutorning g‘o‘ng‘-g‘ung‘i singari mayin va yumshoq un bergan edi. Sultonxon o‘z kundoshini mahkam quchoqlab o‘pdi. U yoqda mingboshi shahardan yangi gaplar topib kelgan edi. Tashqaridan uning so‘zlangani eshitilgach, shom chog‘ida xotinlar eshik oldiga bordilar. – Shunday nozik vaqtda Miryoqub noinsofning o‘ynagani ketganini aytmaysanmi? – Mingboshi Hakimjonga qarab so‘zlardi. – Bitta o‘rus xotin bilan Suvaysatopilga ketibdi… – Mingboshi xoxolab kuldi, ichkarida Poshshaxon ko‘kragini g‘ijimlardi. – Bachchag‘ardi bolasi-yey! Juda tannoz narsani topibdi, deydi. Ikki oygacha o‘ynatarimish… To‘ralarimizning qovog‘idan qor yog‘adi… Yaqin borib bo‘lmaydi. Har bir mingboshiga o‘ntadan, har bir aminga ikkitadan, har bir ellikboshiga bittadan yarog‘li yigit beradigan bo‘lishibdi. Yarim sarfi – g‘aznadan, yarim sarfi yurtdan! Endi odam daraklash kerak. Mingboshilarga hokim to‘ra o‘zi va’z qildi. «Mahkam bo‘l hammang! Tog‘dagi gaplar bo‘la ko‘rmasin» dedi. – Aytgancha, tog‘da nima gap bo‘pti? – Tog‘da olomon xuruj qilipti. Bir mingboshini o‘ldiripti. Ikki amin zo‘rg‘a qochib qutulipti. Ellikboshilar qo‘rqqanidan olomonga qo‘shilib ketipdi… Mahkamalarga o‘t qo‘yishipdi. Bir-ikkita sudxo‘r boyni do‘pposlashibdi. Bizning Yodgor echkilar ham eshitib qo‘ysa bo‘lardi. Ortiqcha hovliqadi, qizitaloqlar! – Xayr, tog‘dan gapiring, xo‘jayin! – Bizning noyib to‘ra 150 ta sollot bilan chiqib, to‘polonni bosib keldi. Ikki qishloqni tep-tekis qiliptilar. Ba’zi qishloqlarda ba’zi birovlarnikiga sollotlar o‘t qo‘yibdi. Chopish ham bo‘pti… Uch-to‘rt yuz odam qirilganga o‘xshaydi. 137 kishini shaharga olib kelib qamaptilar. Yaqinda katta sud bo‘ladi, deydi. Noyib to‘raning gapiga qaraganda, sud juda shoshilish bo‘ladiganga o‘xshaydi. Bir nafasda hukm qilib ota beradi deydi-ku! Sollotlardan ham to‘rt-besh kishi o‘lipti. Yarador yigirmatacha bor, deydi. Aytishlaridan, o‘rus sollotlari qishloqlarda musulmon ayollariga ham daxl qilganga o‘xshaydi… Xunuk gaplar bor, ishqilib. – Biz nima qilamiz, xo‘jayin? – Nima qilardik. Yana yettita yigit qilamiz. Hushyor bo‘lamiz. – Mingboshi bir oz o‘ylandi. – E, bizning yurtlar tinch. Fuqarolarimiz hammasi yuvosh, qo‘yday. Men bo‘lsam ularning otaxoniman… Qattiq gapirmayman. Javr qilmayman… Nimaga to‘polon qilsin? Uxlay ber, bemalol! Mening soyayi davlatimda, xohlasang, boqqa chiqib yot! Ha! O‘zidan xursand, kula-kula ichkariga qarab yurdi. Xotinlar chekildilar. Uch-to‘rt qadam bosib yana to‘xtadi: – Aytgancha, Absamat yomon xijolat bo‘ldi lekin! – Xo‘sh, xo‘sh? – dedi Hakimjon. – Hamma mingboshilarning oldida hokim to‘ra undan koyib berdi. Uyiga allaqanday bir no‘g‘oy xotinni oldirib yangicha maktab ochgan ekan: erkak bolalarga ham yangicha maktab ochmoqchi bo‘lib Toshkentdan bir «forma» maktabdorni chaqirtirgan ekan. Shularni aytib koyidi. Bir nima balo dedi… Ha, yosh sartlarga ergashmang, dedi… Ular yosh turklardan o‘rgangan dedi. U nima degani bo‘lsaykin… Yosh sartlari nimasi? Yosh turklari nimasi? Nimani o‘rgatadi ular? Bilolmadim. Miryoqub bo‘lsaydi kovlab topardi, betavfiq! Xayr, yot endi! Rohat qil! Bir ozdan so‘ng katta uydan Zebining bidratma dutori va shirin ashulla si eshitildi. Kundoshlar so‘rilarga chiqib yotdilar, Sultonxon, negadir, uyg‘oq: uyiga kirmasdan, sahnda – ayvon chekasida o‘tirardi. Nihoyat, hamma uxlab ketdi. Shundan keyin Zebining ashulla si tindi. Yana bir oz keyin dutor tovushi ham allanechuk birdaniga uzilib qoldi. Bu uzilishda allaqanday bir zarda qilish, birdaniga dutorni irg‘itib tashlash boridi… Shu bilan u katta uyga ham bir nafasda jimlik cho‘kdi. Yerga tushgan uch-to‘rtta xazon yaproqlari kuz kechasining sovuq shabadasi bilan yer betida shitir-shitir surinardilar. Uzoq-yaqindagi itlarning hurishi va yaproqchalarning shitirashidan boshqa un qolmadi. Shundan so‘ng Sultonxon sekingina uyiga kirdi. Yuragi bir oz o‘ynagani uchun bir piyola sovuq suv ichdi. Derazaning bir qanotini ochiq qoldirib, eshigini ichidan berkitdi va qorong‘i uyda jimib yo‘q bo‘ldi… Ko‘ziga uyqu kelmagan Hakimjon yarim kechaga yaqin mirzaxona derazasining ohistagina chertilganini eshitdi. Tashqarida o‘zidan boshqa hech kim yo‘q edi: mirshablar darvozaxonada va otxona tomida uxlardilar. Yuragi o‘ynasa ham, shu tobda o‘zidan boshqa kimsa yo‘qligini bilganligidan dadil bosib mirzaxonaga chiqdi va tovush chiqmasin deb, eshigini emas, past supali derazani ochdi. Derazani yana berkitib, bu bemahal mehmonning orqasidan ohistagina o‘z hujrasiga qaytdi: uyatchan ko‘zlarini yerdan sira uzib ololmasidi. Faqat u – yosh va zoriqqan xotin chidayolmadi: o‘zicha otilgan po‘k singari tomog‘idan ixtiyorsiz otilib chiqqan kuchli va ittik ovoz bilan: – Berahm… – deb qichqirdi… Va o‘zini uning quchog‘iga tashladi. Kecha va kunduz — 14-bob Mingboshi shahardan tegishli dasturlarni olib qaytgach, boshqa hamma mingboshilar kabi, to‘xtovsiz ishga kirishdi. O‘z qo‘l ostidagi hamma amin va ellikboshilarni o‘z mahkamasiga chaqirib, bir kun ertadan kechgacha behuda intizor qilgandan keyin, nihoyat, ayvonda choy ichib o‘tirib «kengash majlisini» ochdi. Poyma-poy va bir-biriga qovushmagan gaplar bilan «zamona ahvoli»dan, tog‘ voqealaridan va uning natijalaridan daromad qilgach, maqsadga o‘tdi: – Shunaqa, yaxshilar, – dedi u, – endi mening uch yigitimga yana yetti yigit qo‘shiladi. Aminlar ikkitadan, ellikboshilar bittadan yigit olishadi. Yigitlarning hammasiga sollot beshotari beriladi. Otadigan azamat topilarmikin?.. Hech kim javob bermadi. Hamma jim edi. – Nega indamaysanlar? Og‘zingga paxta tiqdingmi hammang? Gapir, Matxoliq! – Ishqilib… kattalarimiz bir ishni qilsa, bilib qiladi, – dedi Matxoliq amin. – Ha, alvatta, bilib qiladi, – dedi bir ellikboshi. – Biz nima derdik? Ma’qul maslahat, – dedi yana birov. So‘ngra yonidagilarga qarab so‘radi: – Shundaymasmi, yaxshilar? – Ha, shunday, shunday! – deb shovqin soldi har kim har joydan. – Senlar aytmasanglar ham maslahat ma’qul, – dedi mingboshi ovozini ko‘tara tushib. – Uni bilaman. Sollot beshotarini otadigan azamatlar topiladimi deb so‘rayman. Munga javob ber! – Yurt emasmi, chiqib qolar, – dedi Matxoliq amin. – Bilmasa o‘rganar, – dedi bir chekada turgan Hakimjon. – Ishni to‘xtatish kerak emas. Yigitlarni ola beraylik, bilmaganiga shahardan odam chaqirib o‘rgatdirarmiz. – Ma’qul, – dedi mingboshi. Kuldi. – Hammangning aqling shu tirranchaning aqlicha bo‘lmadi-ya, hayf senlarga. Amaldorlar jim qoldilar. Mingboshi davom qildi: – Bo‘lmasa, maslahat shuki, har amin o‘ziga kerakli ikki yigitni topib, indingacha menga bildiradi. – Ro‘yxatini topshiradi, – dedi Hakimjon. – Ha, ro‘yxatini topshiradi, – deya takror qildi mingboshi. – Mundan tashqari, har amin menga ham bittadan yigit topib beradi. Qolganini o‘zim shu qishloqdan olaman. Undan keyin aminlarning o‘zlari qishloqma-qishloq yurib yurtga eshitdiradi. Mingboshi to‘xtadi, shamasini kam tushirishga harakat qilib choynakdan piyolaga choy quya boshladi. O‘tirganlar bir-birlariga qarashdilar: «Nimani eshitdiramiz?» degan shivirlashlar boshlandi. Mingboshi so‘zini tugatmagan edi. Hakimjon so‘radi: – Nimani eshitdiradi bular? – Ha, aytgancha, – dedi mingboshi, – esimdan chiqipti: yigit olishni eshitdiradi, undan keyin pul to‘g‘risini. O‘tirganlar bir seskanib oldilar. – Qanaqa pul, taqsir? – dedi Matxoliq amin. Hammaning ko‘zi uning og‘ziga tikilgan edi, undan keyin hamma ko‘zlar birdaniga mingboshi tomonga burilib, uning og‘ziga osildilar. Ko‘plar og‘izlari bilan ham tinglardilar. Mingboshi kuldi: – Qanaqa pul bo‘laridi! Yigitlarning yarim oyligi g‘aznadan, yarmi yurtdan. O‘tirganlarning og‘zidan xor bilan aytilganday yaxlit va besaranjom bir ovoz chiqdi: g‘u-v-v!.. Xuddi «do-d-d» deganday… Zo‘r hovlining keng sahniga go‘riston jimligi cho‘kkan edi. Hakimjon ohistagina bir «uh» tortib o‘rnidan turdi, ayvon ustuniga chig‘anog‘i bilan bir-ikki urgach, bitta-bitta bosib jamoatga yaqin keldi. Shu topda uning juda ehtiyot bilan – hech bir sharpa chiqarmay bosgan qadamlarining bo‘shang shitirashi ham o‘tirganlarga malol kelgan kabi edi. Hamma ko‘zini yerga tikib, uzun yakandozning mang‘izi bilan o‘ynardi… – Nimaga imoning o‘chdi birdaniga? – deb qichqirdi mingboshi haybatli ovoz bilan. – Yarim puli qancha bo‘ladi, taqsir? – dedi yana Matxoliq. – O‘zingizga beriladigan yetti yigitning beshtasiga ham yurt to‘laydimi, dodxo? – Ha, bo‘lmasa, men yonimdan to‘laymanmi? – dedi mingboshi dag‘allik bilan. Yana jimlik cho‘kdi. Mingboshi davom etdi: – Uch kun orasida yurtga eshitdirib, bo‘lgan gapni menga ma’lum qilasanlar. – Xo‘p, taqsir! – dedi Matxoliq. Boshqalar jim qoldilar. Mingboshi qichqirdi: – Nega boshqalaring indamaysan? Qanjiqsan hammang! Senlardi amin qilib, qo‘lingga amal bergandan xafa bo‘ldim-ku! – Bekor qilib qo‘ysangiz ham tuzuk edi, taqsir, – dedi bir amin. Hamma unga tomon evrildi. – Seni bekor qilmasdan burun otxonaga qamab kaltaklataman… Shoshmay tur! – Taqsir, taqsir, taqsir! – degan ovozlar yuksaldi har tomondan. – Bo‘lar ish bo‘ldi, yaxshilar, – dedi Matxoliq jamoatga yuzlanib. – Yurtning katta-kattasini chaqiramiz-u «buyruq shu» deb eshitdiramiz. Bizning ishimiz shu. Yurt «yo‘q» desa, kattalarimiz biror maslahat ko‘rsatar. – Yo‘q deb ko‘rsin, qani? – dedi mingboshi. – Oqpodshoning o‘z buyrug‘i bu! Yo‘q deb ko‘rsin! – Shu choqqacha yo‘q demagan, endi ham yo‘q demas, – dedi Hakimjon. – Rost aytasan, mirza, – dedi mingboshi. U bu so‘zning avvalgi hijosini qalin qilib aytardi. – Yo‘q deydigan topilmaydi. – Rost aytasiz, taqsir, – dedi Matxoliq. – Yo‘q demasa kerak. Ammo-lekin podsholikning pastarin bir iti bo‘lganimdan ko‘rgan, bilganimni aytib qo‘ymasam bo‘lmaydi. – Ayt, aytma degan odam bormi? Hamma Matxoliqqa tikildi. – Yurtning vajohati buzuq, taqsir. Gap ko‘tarmay qoldi. Asad oyida ro‘za tutgan bangiga o‘xshaydi, taqsir… Endi, yurt – ko‘pchilik, ehtiyot kerak, deymiz-da. Hamma birdaniga tasdiqladi: – Rost, taqsir, rost! – Rost bo‘lsa rostdir, yolg‘on degan odam yo‘q. Ammo-lekin «kim katta: yurtmi, oqpodshomi?» deb so‘raganda nima deysanlar? Qani? Hech kim og‘iz ochmadi. Yana Matxoliq gapirdi: – Albatta, «oqpodsho» deymiz, taqsir! – Unday bo‘lsa, gap tamom. Omin, ollohu akbar! Boraber hammang o‘z ishingga… Ellikboshilar o‘rinlaridan turib u yoq-bu yoqqa yoyilgach, mingboshi Matxoliqni chaqirib oldi. Uning bir qulog‘ini qo‘li bilan cho‘zib keltirib dedi: – Absamatni yiqitsam, seni mingboshi qilib qo‘yardim. Abjirsan, bachchag‘ar! Matxoliq kuldi. – Qulluq, taqsir, xizmatingizni qilsam bo‘ldi. Shunga xursandman. Mingboshi uning boshini yana ham o‘ziga yaqinroq tortdi: – Bu qish ichi na bitta qovunim bor, na bir dona tarvuzim. Uch-to‘rt aravagina eplagin, hissasini chiqarib beraman. – Xo‘p, xo‘jayin, jonim bilan. Matxoliq uzoqlasha boshlagan edi, yana chaqirdi: – Aytgancha, esimdan chiqibdi. Bularingga ayt: yurtni namozga ko‘proq haydab turishsin. Buyruq shu! Matxoliq hammani chaqirib olib baland ovoz bilan bu yangi buyruqni ham eshitdirdi. Shu bilan tarqalishdilar. Kengash majlisini o‘tkazgandan keyin mingboshi darhol o‘ziga yigit to‘plashga kirishdi. Yetti kishi o‘rniga yigirma-o‘ttiz talabgor bir qishloqning o‘zidan chiqdi. Hakimjon muni mingboshiga arz qilib turib dedi: – Ishlar yaxshi, taqsir, yettita desak, o‘ttiztasi kelib o‘tiripti. Hakimjonning birinchi jumlasida sezilarlik darajada ochiq bir piching bor edi. Lekin u pichingni mingboshi dodxo payqayolmadi. – Bekorchi ko‘p qishloqda, bekorchi! – dedi mingboshi. – Yo‘q, xo‘jayin. Men gaplashib ko‘rdim. Hammasi chorikor bolalar. «Jonimizdan to‘ydik, bola-chaqamiz och…» deydi. Mingboshi birdaniga qo‘pol bir ovoz bilan kulib yubordi. Hakimjon bu nogaxon kulishning sababini bilolmay hayron edi. Keyin mingboshi o‘zi anglatdi: – Jonidan to‘ygan bo‘lsa yaxshi! – dedi u. – Jonidan to‘yganlar yaxshi so‘qishadi. Oqpodsho «vayna»da qiynalib qolsa, qishloqning hammasini yig‘ib jo‘nataman! Ish yirik, mirza. Yana o‘sha xunuk ovoz bilan kula-kula ichkariga kirib ketdi. Hali qorong‘i tushib palovga dasturxon yozilgan yo‘q ediki, tashqariga bir mehmon kirib keldi. Hakimjon uni kular yuz bilan, sevinib qarshi oldi. Bir oz keyin ichkaridan chiqqan mingboshi ham unga nisbatan bir qadar mulozimat bilan muomala qildi. Lekin bu mulozimatning yasamaligi shu qadar ochiq ediki, mehmonning ko‘zlari Hakimjonning ko‘zlarini to‘g‘ri keltirib turib u to‘g‘rida bir himo qilib o‘tdi. Hakimjon ham ko‘z qarashi bilan mehmondan uzr so‘radi. Mehmon esa «muning o‘zi nima-yu, muomilasi nima bo‘lardi?» degan ma’noda kulib qo‘ydi, xolos. Palov yeyilib bo‘lgach, ko‘k choyni ichib o‘tirib, ular uchovi suhbatga tushdilar. Mehmon Hasanov degan bir tatar yigiti bo‘lib, qishloq qarz shirkatlarining inspektori edi. – Urushdan gapiring, abzi! Urush nima bo‘lyapti? – Urushni siz bilasiz, mingboshi. Sizdan eshitaylik, – dedi Hasanov. – Men urushni qaydan bilay? Gazit o‘qimasam?! – Siz, axir, bir bo‘lusning kattasisiz. – E, kattaligi qursin! Kerak bo‘lsa, oling shu kattalikni! Mingboshi bu so‘zlarni jiddiyat bilan aytardi. Mehmon kuldi: – Zerikdingizmi, xo‘jayin? Darhaqiqat, bu nozik zamonda katta amal ham zeriktiradi. Hakimjon o‘z xo‘jayinining ta’bi bir oz olinganini payqadi, shekilli, uning yordamiga yetishmoqchi bo‘ldi: – Chinakam, – dedi u, – shu zamonda amaldor odamga juda qiyin… Siz bilmaysiz. Men, mana, doim xo‘jayinning qo‘ltig‘laridaman. Yaxshi bilaman. Juda qiyin… – Bilaman, juda yaxshi bilaman, – dedi Hasanov. – Albatta oson emas. Mingboshi hali ham jim edi. U qo‘lidagi bo‘sh piyolani aylantirib o‘ynardi. Hakimjon davom etdi: – Zamon nozik bo‘lmasa, mingboshilarning yigitlari ortdirilarmidi? – Shunday gap bormi? – deb so‘radi Hasanov. – Gap bor emas. Buyruq bor. Biz odam chaqirdik. Uchta yigitimizga yettita qo‘shiladi… Mana shu joyda mingboshi ham birdan gapga aralashdi: – Hammasiga sollot beshotari bermoqchi… Sollotlikka mashq qildirmoqchi… Munga nima deysan? – Juda soz! – dedi Hasanov. Papirosini uzun so‘rib tortgan holda o‘ylab ketdi. – Nimasi soz? – dedi mingboshi qo‘pol bir xitob bilan. – Juda soz, mingboshi afandi. Faqat… men ishonmayman munga… – Nimasiga ishonmaysan? – dedi mingboshi yana o‘sha qo‘pollik bilan. – Bizning musulmon-turk yigitlarining qo‘liga rus hukumati beshotar miltiq berib qo‘yarmidi? Hukumatning esi bor. Mingboshi hayron bo‘lib qoldi. Bu yetti uxlab bir tushiga kirmagan fikr edi. Ko‘zini keng-keng ochib mehmonga qaradi. Bu qarashda ham hayrat bor edi, ham qo‘rquv… – Nega bermasin? O‘zi buyurib o‘tiripti-ku? – Bitta-yarimta esi pastrog‘i buyurgandir, taqsir. Esi borlari munga yo‘l qo‘ymaydi! Mingboshi indamadi. Hakimjon butun borligi bir diqqatga aylanib, ikki ko‘zini mehmonga tikkan edi. Mehmon davom etdi: – Musulmonning qo‘liga yaroq bermaydi bu hukumat. Biz musulmonlar, turk bolalari, o‘zimiz yaroq olmasak, dushmanlarimiz o‘zi o‘z qo‘li bilan bermaydi. – Kim dushman? – dedi mingboshi. Bu savolda endi po‘pisa asari boridi. Mehmon sira shoshmasdan, bemalol javob berdi: – Sizning dushmaningizni aytayotganim yo‘q, dodxo afandi. Turk-islom xalqining dushmanlarini aytaman… – Germonni aytasanmi? Hakimjon birdaniga kulib yuborishdan o‘zini zo‘rg‘a to‘xtatib qoldi. – Shunday, taqsir! Germonni aytaman. Turk millatiga yarog‘ berib qo‘ymaydi u! U – turk millatlarining jon va qon dushmani! – Unday bo‘lsa… butun qishloqni yig‘ib, qo‘liga beshotar berib, Germon bilan urushgani jo‘natmoqchi bo‘lganimga nima deysan? Mingboshi bu so‘zlarni g‘urur bilan kulib turib so‘zlardi. – Nima derdim? Unday qilsangiz, sizni «g‘oziy» derdim… Islom millati sizning bu xizmatingizni hech bir unutmas edi… – Minnating bilan ishim yo‘q. Turkingni ham bilmayman men. Mana bu mirza aytadiki, qishloqda jonidan to‘ygan ko‘p. Shularning hammasini Germon urushiga jo‘natsam – oqpodshoning qo‘li yuqori keladi, bu qishloqlar yalangoyoq, bezorilarning kasofatidan qutuladi! – Hay, hay! – dedi mehmon. – Muning savobiga kim yetsin! Juda zo‘r xizmat qilasiz, dodxo! Favqulodda buyuk xizmat!.. Shu suhbatdan keyin Hakimjonda mingboshiga nisbatan bir qarash tug‘ildi. U qarashda ixlos va hurmatdan boshqa hamma narsa boridi. Bu qarashni o‘sha kechasi, mingboshi yotgani kirib ketgandan keyin, Hakimjon mehmonning o‘ziga ham bir oz izhor qildi. Mehmon Hakimjonning e’tirofini eshitgandan keyin juda o‘t olib, qizib gapirdi: – Bizning butun fojiamiz shundaki, – dedi u, – do‘stimiz bilan dushmanimizni ajrata olmaymiz. Eshitdingizmi uning gaplarini? Bizning dindoshimiz, millatdoshimiz bo‘lgan Turkiya bilan bir safda urushayotgan Germaniya bizga, biz Turkiston turklariga dushman emish… Mehmon bir oz to‘xtaldi. Papirosini qattiq-qattiq tortib, og‘ir-og‘ir bosh tebratdi. – Bular barchasi ilmsizlik kasofati, Hakimjon! Nodonlik mevasi. Bu yo‘g‘on sallali, bo‘sh kallali hayvonlar, Buxoroyi sharifni spekulyatsiya qilib, islom millatini zaharlovchi mikroblar bizni shu holga keltirdilar… Eh… eh… eh!.. Astoydil kuyib gapirayotgan mehmon Hakimjonning ko‘zi uyquga ketgandan keyingina so‘zdan to‘xtadi. Ikkalasi so‘riga joy qilib uzalgan vaqtlarida, Hakimjonning yana uyqusi qochgan, birinchi xo‘rozlar unda-munda qichqira boshlagan edilar. Bular ikkalasi ko‘rpaga uzalgandan keyin ham anchagina gaplashib, mingboshidan, umuman, o‘sha zamonning hamma amaldorlari, hukumat va idora usullaridan shikoyat qilishdilar. Mehmon bir vaqtlar noyib to‘raning Miryoqubga aytgan gaplarini yana ko‘proq tafsilot bilan Hakimjonga aytib berdi. O‘z mingboshisining ishlariga qarab hamma mingboshilar va umuman o‘sha zamon hokimiyati to‘g‘risida ko‘p ham yaxshi fikrda bo‘lmagan Hakimjon shu suhbatdan so‘ng o‘zining xom va chuvalashgan fikrlarini pishitdi, bir oraga yig‘di, boshidagi fikrlar bir tartib doirasiga tushib, yangi-yangi pardalarni uning miyasidan sidira boshlagach, o‘zida allaqanday bir o‘zgarish bo‘layotganini o‘zi ham sezdi: o‘sha kundan boshlab uning hamma narsaga qarashi boshqa bo‘ldi! Mingboshi – burungi mingboshi emas, farsahlarcha yiroqlarda. Yaqinlashib kelganda ham xuddi buni o‘ldirgani kelayotganday… Miryoqub, uning ishbilarmonligi, epchilligi, ziyrakligi… «U agar haq yo‘lni topsa bormi – noyob odam bo‘ladi!» Har bir katta sallali domla – bemorga zahar berayotgan tabib… Har bir boshini quyi solgan eshon – odamlarning kissalariga yashirincha qo‘l uzatgan kisavur… Abdisamat mingboshi – uni o‘ylaganda Hakimjonga jon kiradi! «Uni ko‘rsa tikilib, ko‘zini olmay, uzoq-uzoq qarab tursa, ziyorat qilib qo‘lini o‘psa, nima buyursa shuni qilsa!..» Hasanovning fikrlari, ayniqsa, yangi olinaturgan yigitlar to‘g‘risidagi fikri mingboshiga ham ta’sirsiz qolmagan edi. Mingboshi Hasanovdan biroz qo‘rqqan va shu uchun unga sovuq qaragan bo‘lsa-da, uning o‘sha yigitlar to‘g‘risidagi fikriga qarshi kelmasdi. U ham ichkariga kirib joyiga cho‘zilgach, u to‘g‘rida anchagina o‘ylab yotdi. «Bu bachchag‘arning gapi qursin! Nimaga bo‘lsaykin, uning gaplarini eshitganda odam cho‘chib tushasan: xuddi… oqpodshoni so‘kib yuboradiganday! Xuddi… uning so‘kkanini birov eshitib qolib, Yodgor echki yo Umarali puchuqqa yetkazadiganday! Ular bo‘lsa oqizmay-tomizmay hokim to‘raga chaqadiganday! Boz ustiga, ular «oqpodshoni so‘kib turgan vaqtida Akbarali mingboshi «ha, ha» deb turgan edi!» deyishdan ham toymadiganday! So‘ngra hokim to‘ra chaqirib olib g‘azabiga oladiganday! Mingboshilikni tortib olib, el ko‘zida tamom sharmanda qiladiganday! Abdisamat bilan Yodgor echki, Umarali puchuqlar yana qo‘shkarnayi bilan jar soladiganday!..» – «Lekin, bachchag‘ar kofir, bir narsani bilmasdan aytmaydi. Nimaga desangiz, u «zakon» kitobini ko‘p o‘qigan, hamma vaqt o‘risning ichida qaynaydi, o‘ris tilini suv qilib ichib yuborgan… Kattalarimiz o‘rus-da, axir! O‘ris bo‘lganidan keyin musulmonga yon bosmaydi. Bu rost! Shu yerda Hasan abzi bilib aytadi! Musulmonning qo‘liga yaxshi beshotarni berib qo‘yarmidi? Yo‘q! Agar men o‘rus bo‘lsam (astog‘furullo!), musulmonning qo‘liga aslo yarog‘ bermasidim! Aslo! Abzi rost aytadi. Abzi, abzi, abzi!..» Mana shunday uylar bilan mingboshi zo‘rg‘a uxlab ketdi. Erta bilan uyqudan uyg‘ongach, yana o‘sha – yigit masalasini o‘yladi. Yigitlarning uchta yo o‘nta bo‘lishi mingboshi uchun baribir edi. «Ko‘p bo‘lsa, g‘alvasi ham ko‘proq bo‘ladi» deb o‘ylardi u. Faqat… faqat… – O‘nta yaxshi yigitga yaxshi ot, yaxshi sarpo, yaxshi yarog‘-aslaha berib, o‘z mahkumimni bir aylansam, iloji bo‘lsa, Abdisamat turadigan qishloqdan bir ot choptirib o‘tib qo‘ysam… bas! Shundan keyin kattalar uch yigitni bittaga qoldirsalar ham mayli edi!.. Bu o‘yning natijasi shu bo‘ldiki, ertasi kuniyoq qishloqdan odam ola boshlab, 2-3 kunda yettita navqiron yigitni – chertib-chertib! – mirshablikka qabul qildi. Undan-bundan so‘rab, so‘ratib, iloji bo‘lmaganda… tortib olib bo‘lsa-da, hammasini yaxshi otga mindirdi, allaqaylardan ov miltiqlari topib, o‘novini yaroqlantirdi, ust-boshlarini tekisladi, o‘zi ham eng yaxshi zar choponini kiyib, tilla kamarini bog‘lab, uzun qilichini osib, saman yo‘rg‘ani minib yo‘lga chiqdi. Kecha va kunduz — 15-bob Ikki kun burun Qumariq qishlog‘iga yettita yigiti bilan mingboshi kelib ketgan edi. Uning bu kelishi qiziq bo‘ldi. Hech kimga hech narsa demasdan to‘ppa-to‘g‘ri machitga tushib domlani yo‘qlatdi. O‘zlari xabar topib machitga kelgan amin va ellikboshilar hayron bo‘ldilar. «Nimaga bizga hech narsa demaydi mingboshi dodxo?» deb bir-birlaridan so‘rashdilar. Ellikboshilardan biri yugurganicha borib domla-imomga xabar berdi. Domla-imom yaqindagina uylangan yoshroq bir mullavachcha bo‘lganligidan, «mingboshi chaqirayotir» degach, ancha tashvishga tushdi. Salla-choponini kiyib machitga tomon borarkan, o‘yladi: «Nima uchun yo‘qlatgan bo‘lsa?» Mingboshining uni izlatishiga zohiriy bir sabab yo‘q edi. Shuning uchun turli xayollarga borib ko‘rdi: «Tunov kun, shaharga tushganimda, mudarris domlaning o‘g‘illariga qattiqroq tegishib qo‘yuvdim… O‘zi ham, bachchag‘ar, ipak sallani chambarak qilib o‘rab, yomon ko‘zga ilashadigan bo‘pti-da! Ustimdan arz qilgan bo‘lsa-ya, haromi bachcha?» «Yo… burungi imomat qilgan joyimda vahim yerni Sadriddin boy bilan chiqishib, ikki-uch yil o‘zim yolg‘iz tasarruf qilib edim. Mahalladan bitta-yarimtasi shuni qo‘zg‘adimikin». «Yo bo‘lmasa o‘tgan hafta qovun sayilida yangicha maktab ochgan toshkentlik no‘g‘oy domlaga yo‘liqib qolib, ancha qattiq so‘kib edim. Uning maktabini Abdisamat mingboshi ochib bergan ekan, men uni bilmabman… Bu bizning mingboshiga Abdisamat mingboshi itob qilib yozdimikin? Keyin, maktabning asl sohibi Abdisamat mingboshi ekanini bilib, haligi no‘g‘oy domla bilan murosaga ham bordimku-ya… Har qalay, boshda ahvoldan bexabar, qattiq, gapirib qo‘yib edim… attang! Shu tashvishlarga Abdurahmon ponsot sabab bo‘ldi, bachchag‘ar! Noinsof! Bo‘lmasa, jimgina o‘tirib edim. Keyin no‘g‘oy domlaning oldida odamlarga bir-ikki og‘iz va’z qilib, la’nati jadidning ko‘nglini ko‘tarib qo‘ydimku-ya… «Albatta, – dedim, – no‘g‘oy ham – musulmon, ahli sunnat, toshkentlik ham – musulmon, ahli sunnat… Hammamiz bir odam. Dunyoviy ilmlarni o‘qish ham shariatimizda bor, chunonchi, janobi hasti payg‘ambarimiz «utlubulilmu valavkana bissin», ya’ni «Chin mulkida, ya’ni Xitoyda bo‘lsa ham ilm talabida bo‘lg‘il» deganlar. Bu – «hadisi sahih», dedim. Jadid domla xursand bo‘lib ketdi: «Shunday haqiqiy ulamolar bo‘lsa, millat taraqqiy qiladi», – dedi. Shu «millat» degan so‘z tufaylidan yana jindak munozara qilib olishdik. Abdurahmon ponsot no‘g‘oy domladan «millatingiz nima?» deb so‘rab qoldi, no‘g‘oy domla avval «islom millati» dedi, undan keyin – negadir – «islom va turk millati» deb, «turk» degan toifani ham qo‘shib qo‘ydi. Men chidayolmadim: «Yo‘q, dedim, musulmon odamdan «millating nima» deb so‘ralsa, «millatim Ibrohim Xalillullo» deb javob berishi vojib. Dinimiz – islom, millatimiz – millati Ibrohim Xalillullo. «Turk» degan toifa O‘zgan taraflarida bor, o‘zlari elatiyadan, bizning sartiyadek kasiruladad emas, uning millatga hech bir daxli yo‘q!» dedim. Undan keyin hasti Ibrohim Xalillullo to‘g‘risida hasti So‘fi Olloyordan dalil keltirdim: Xalillulo uchun yondirdilar nor, Qadam qo‘ymay o‘shal o‘t bo‘ldi gulzor. Jadid domla turib «Ibrohim payg‘ambar yahudiylar payg‘ambari, hatto to‘rt kitobdan biriga ham ega bo‘lgan emas», dedi. «To‘vba de, eshak!» deb baqirdim. Ortiqcha qizib ketibman. Keyin pushaymon bo‘ldimku-ya… Endi foydasi yo‘q. Afsus! Afsus!» Imom domla kelgandan so‘ng, ko‘p o‘tmasdan, mingboshi machitdan chiqdi. Otiga otlanib turib bir ellikboshi bilan bir-ikki og‘iz gaplashdi. Aminga va boshqa ellikboshilarga sipo qarashi bilan bir qarab qo‘yib, yana darhol yo‘lga tushdi. Guzarda o‘tirgan besh-olti kishi hayron bo‘lishib bir-birlariga qarashdilar. «Nimaga keldi-yu, nimaga darrov jo‘nab qoldi?» degan savolga javob axtardilar. – Nimaga aminni chaqirtirmasdan, imom domlani chaqirtiradi? – Nimaga imom domla kelar-kelmas jo‘nab qoladi? – Nimaga bu safar yigiti ko‘p? – Nimaga qishlog‘iga qaytib ketmasdan daryo tomonga o‘tdi? – Nimaga guzarda o‘tirganlarga hech narsa demay o‘tdi? – Nimaga? Nimaga… nimaga… Duv-duv gap ketdi. Har kim har tarafdan har xil ovoz chiqardi, lekin hech bir ovoz quloqqa yoqmadi, «soz tushmadi». Machit tomonda imom ko‘rindi. Uning yuziga tikildilar. – Hoy kal, sarasop soldingmi? Hali o‘tganida imom domlaning qosh-qovog‘i soliq edi. Endi ochila tushibdi. Xayriyat bo‘lsa kerak. – So‘raymiz qo‘yamiz-da, jinni, – dedi kal. – Sen so‘ra, tilla bosh, senga aytadi. – So‘rayman, qovoqbosh. So‘ramay nima? Imom domla sekin-sekin, lekin ishonchli va xotirjam oyoq tashlab guzar o‘rtasiga keldi. Ikki tomondan salomlar ko‘tarildi. – Taqsir, choy bor ekan! – dedi kal. – Bir piyola tutaylik. – Qulluq! – dedi domla, to‘xtadi. – Uyga boray… – Bilamiz, taqsir, yangi uylangan odamdi gapga tutib bo‘lmaydi! Mingboshi dodxo nima xabar olib kelgan ekan deb so‘ramoqchi edik. Imom domla kuldi. – Uylangandan emas, Hasanboy, – dedi. – Boshinglar qichimaganda, tilinglar qichib turmasa bo‘lmaydi-da, a? Guzardan kulgi ko‘tarildi. – Qichig‘ini bosib o‘ting deymiz-da, domla! – dedi kal Hasan. Yana kuldilar. Domla qip-qizarib ketdi. – Mingboshi dodxo yurtning omon-esonligini so‘rab o‘tdilar, xolos. Boshqa gap aytmadilar. Xo‘sh, menga javob endi! Domla yana yo‘liga tushdi. Guzar odamlari uning gapiga ishonib yetmadilar. Hasan kal dedi: – Bizdek fuqaro yolg‘on aytganda, ishonmagan odam bir-ikki marta zo‘raki yo‘talib qo‘ysin. Amaldor bilan domla-imom yo obro‘yi katta boylar yolg‘on aytsa, ishonmagan odam kavshini qo‘lga olib tursin: «O‘g‘ri ketdi» bo‘lmay iloji yo‘q! Yana kuldilar. Narida, ko‘prik boshida domlaga Umaraliboy duch keldi. – Ha, domla, Akbarali nima dedi? – Mingboshi dodxo hech narsa deganlari yo‘q. «Jamoatning namozga yurishi qalay?» deb so‘radi. «Ma’nisi yo‘q», dedim. «Ellikboshiga aytaman, ko‘proq haydab beradi», dedi. Shu, xolos. Umarali boy qahqaha solib kuldi. – Umrida bir marta peshonasi sajda ko‘rganmikin, so‘ramadingizmi? – Katta odam. Men nima deyolaman. – Xayr, domla! – dedi boy. Yo‘lga tushdi. Keyin orqasiga qayrilib kuldi va dedi: – Zamonaning oxir bo‘lgani shu-da, taqsir. Benamoz rais bo‘lib, namozdan qolganni tergaydi! Uch kundan keyin juma namoziga juda ko‘p odam yig‘ildi. Umuman, machit bilan hech bir aloqasi bo‘lmagan kishilar ham qoq yerga belbog‘larini yozib, faqat peshonalariga yarasha joyni to‘shadilar: imomdan burun bosh qo‘yib, imomdan burun bosh ko‘tardilar, imom «ollohu akbar» deb sajdaga egilganda, bular qiyomga ko‘tarildilar… Saflarda pix-pix kulishlar ketdi. Salom berilar-berilmas yo‘talga zo‘r berib o‘rinlaridan turgan «namozxonlar»ni so‘fining yog‘lanmagan aravaniki singari ingichka va g‘ashga tegadigan ovozi to‘xtatdi: – Xaloyiq! Yaqin-yaqin kelib imom domlaning va’ziga quloq solinglar! Xalq orasida o‘tirgan amin va ellikboshilar ham ularning belgilab qo‘ygan kishilari so‘fining so‘zlarini ilib oldilar: – Ha, jamoat! Domlaning so‘zlarini eshitish zarur! Yuqorida, ayvonning ichkarisida o‘tirgan domla saf oralab tashqariga chiqdi. Panjara eshik oldida to‘xtab gap boshladi. Mingboshi o‘sha kungi kelishida, shahardan berilgan ta’limotga muvofiq, hamma machitlarda to‘xtalgan, jumadan so‘ng odamlarga va’z aytib, «ularni tinch tiriklik bilan shug‘ullanishga va har xil fitna-fasodlarga berilmaslikka» chaqirish vazifasini machit imomlari zimmasiga yuklab ketgan edi. Bizning domla so‘z topolmasdan tutilibroq va qiynalibroq boshlasa-da, keyincha jo‘nashib ketdi: qavmining hammasi deyarlik savodsiz qishloq odamlaridan iborat bo‘lganiga qaramasdan, «balog‘ati arab va fasohati furs»ni mumkin qadar ko‘p ishlatdi, eshon So‘figa juda muxlis bo‘lganligidan, uning ma’nilik baytlaridan anchasini har yer-har yerga qistirib o‘tdi. Bir qancha vaqt zo‘r berib shahardagi hokim to‘ralarni, o‘zimizning «Mulla Akbarali dodxo»ni, shular qatorida – garchi boshqa mahkumning ulug‘i bo‘lsa-da – «farosatlik, hushyor, donishmand, saxiy va muruvvatmand» hukumatdorlardan mulla Abdisamat mingboshini maqtab o‘tdi. «No‘g‘oy domla eshitsin» deb yangi zamon maktablaridan, unda Qur’onning tajvid bilan – maxrajiga to‘g‘rilab – o‘qitilishidan, u maktabda o‘qigan bolalarning «Shariatul imon»ni kattalardan ko‘ra yaxshiroq bilganlaridan, ozod bo‘lishga yaqin Misr ohangida salovot o‘qiganlaridan, uni eshitgan odam yig‘lamay o‘tolmaganidan, hatto… hatto garchi u maktabning domlasi bolalarga «yer mudavvar, ya’ni bamisoli soqqa yoki yong‘oq va yoki tarvuz – dumaloq» degan bo‘lsa ham, bu da’voning shariati Mustafoga uncha xilof kelmaganidan, ya’ni eshon So‘fi Olloyor, Amir Navoiy, Mavlono Fuzuliy, eshoni Haziniy ab’yotlarida falakning gardishi, ya’ni aylanishi xususida ko‘p so‘zlanganidan gapirdi. Bosh qizib, gap qozoni qaynagandan so‘ng, domlamiz aljiy boshladilar. Gaplar poyma-poy kela boshladi. Undan keyin qavmning namozga kam yurganiga, boylarning zakot va sadaqa xususida shariat amridan chetlashganlariga, qishloq odamlari orasida «xamr», ya’ni aroq ichadiganlarning ko‘payganiga o‘tdi… Hech kimni qoldirmay so‘ka boshladi. Endi bu ruhoniy gramofonni to‘xtatish qiyin edi. Domla kimdan koyisa, yonidagisi, albatta, xursand bo‘lardi. Domlaning o‘tkir tillaridan faqat ellikboshilar bilan aminlargina qutulib qoldilar. Domla so‘zni tamom qilgandan keyin, odamlar yana o‘rinlaridan tura boshlagan edilarki, ayvonning ichidan Umaraliboyning xirqiroq ovozi ko‘tarildi. – Domla yaxshi aytdilar! Balli domlaga! – dedi boy. – Benamozlarning kasofatidan hammayoq qimmatchilik bo‘lib ketayotir! – Xotinbozning kasofatidan-chi, xotinbozning? – dedi birov pastdan. – Boybuva o‘z qilmishidan ham gapirsin jindak! Eshitaylik! – dedi yana birov. Boy achchig‘landi. Saf oralab ayvon qirg‘og‘iga keldi. – Kim u menga ta’na qilgan? Qaysi benamoz? – dedi u. O‘zi qaltirardi. Javob bo‘lmadi. – Imom domlaning qo‘llariga darra olib beramiz endi, benamozlarning jazosini beradi? – dedi ichkaridan tashqariga chiqayotgan Yodgorxo‘ja. – Sudxo‘rdan gap eshiting! Sudxo‘rdan! – dedi pastdagilardan biri. – Pul meniki! Kimga qanday shart bilan bersam – ixtiyor o‘zimda! Senga nima, o‘g‘ri? – dedi Yodgorxo‘ja. – O‘zing o‘g‘ri, hammani o‘g‘ri deb bilasan! – Nima, nima? – Hovliqma! – Bilasizmi, taqsir, – dedi Umaraliboy, – hamma balo amaldorlarimizning yomonligida. Mingboshimiz – Akbarali bo‘lsa, peshonasi bir umr sajda ko‘rgan bo‘lmasa, xotinlari buzuq bo‘lsa, o‘zi piyanista, buzuq odam bo‘lsa! Boshqalardan koyib bo‘ladimi? – Hay, Umaraliboy, unday demang! – dedi imom. – Mulla Akbarali dodxoga til tegizmang. U kishidan fuqaro hech qanday bir yomonlik ko‘rgan emas. Uncha-muncha chakki yurishlari bo‘lsa, amaldor ham podshoday gap, podsholarga buyuradi o‘zi… – Men mulla Abdisamatga hech narsa demayman, – dedi Umaraliboy. – Mulla Abdisamat bo‘lsa hamma jon deydi! – dedi Yodgorxo‘ja. – Mulla Abdisamatdek amaldor yo‘q! – deb davom etdi Umaraliboy. – Akbarali odammi? Sipohmi? Amaldormi? Uning o‘rnida men bo‘lsam, guzardagi samovarlarni taqatak berkitdirardim. Hamma benamoz shu yerga yig‘iladi. Namoz o‘qimaganni yozda darralatardim, qishda muz teshib suvga pishardim. – Shu uchun xudo senga amal bermaydi-da! – dedi birov pastdan. – Tuyaga qanot bersa, qaysi imorat sog‘ qoladi? – dedi kal Hasan. Hamma kulib yubordi. Umaraliboy yana davom qildi: – Men amaldor bo‘lsam, shu qishloqdan besh-to‘rtta yalangoyoqni Sivirga haydatardim. – Habbarakalla! – dedi Yodgorxo‘ja. – Biz Sivirga ketardik, senlar qolib – bittang qishloqda sog‘ xotin qoldirmasiding, bittang yuzni mingga berarding! – Yurt obod bo‘lardi! – Bittang Qumariqning suvini o‘z yeringdan chiqarmasding. Bittang Katta ariqdan qishloq odamlariga bir tomchi suv bermasiding. Xayriyat, amaldor emassan! – Bo‘laman amaldor! – Ko‘ramiz! – Ko‘ramiz!! Umaraliboy qizib ketdi: – Ko‘rasan! Ko‘rsataman sen xotintaloqlarga! Pastdagilarning hammasi deyarlik na’ra soldi: – Kim xotintaloq?!! O‘nlab kishi mushtini tugumlab ayvonga yugurdi. Baqirishlar, dod-voylar, faryodlar yuksaldi. Og‘ir mushtlarning og‘ir zarbalari eshitildi. Butun qavm bir-biriga kirishib ketdi… Amin osmonga qaratib bir-ikki marta to‘pponcha chiqardi. Unga qaragan va ahamiyat bergan bo‘lmadi. Bir yigit rosa mo‘ljallab turib aminning qo‘liga mushtlagan edi, to‘pponchasi йo‘lidan tushdi. Uni boshqa bir yigit olib yoniga soldi, yonidagilarga qarab mag‘rur-mag‘rur… kuldi. Muni ko‘rgan ikki ellikboshi o‘zini darvozaga urib qochdi. Machit ayvoni oldidagi eski chirik panjaraning sharaq-shuruq sinishi ko‘chaning u yuzida cho‘ziq bir aks sado berdi. Bir ozdan so‘ng butun qishloq isyon holatida edi. Mingboshi bu yoqda yigit ortdirish to‘g‘risidagi buyruqning amin va ellikboshilar tomonidan nechik bajarilgani xususida rasmiy ma’lumot kutib o‘tirardi. Qishloqlarni aylangan vaqtida amin va ellikboshilarning ba’zilariga o‘zi yana eslatib o‘tgan edi. Hakimjondan tez-tez so‘rab turardi. U bu ishni mumkin qadar tez va hammadan oldin bitkazib, o‘zi shaharga tushmoqchi, hokim to‘raga arz qilib, o‘z sadoqatini ko‘rsatmoqchi bo‘lardi. Ikkinchi tomondan, Hasan abzining vasvasalik fikrlari ham uni hali tark etmagan edilar. Bu jihatni o‘ylagan vaqtida u o‘zining qishloq aylanib kelishidan xursand bo‘lardi… «O‘zimni ko‘rsatdim! Xo‘p yaxshilab ko‘rsatdim! Abdisamatning qishlog‘idan ot qo‘yib o‘tish nasib bo‘lmasa ham, shu aylanishimning o‘zi chakki bo‘lmadi. Abdisamat eshitgandir. Eshitdirmay qo‘yadimi odamlar? Yuragi o‘rtansin bachchag‘arning!..» Faqat, amin va ellikboshilar joylariga qaytgandan so‘ng nafaslarini ichlariga solib o‘tira berdilar. Ko‘plari ko‘chaga ham chiqmay qo‘ydi. Ular odamlarga qanday qilib yangi pul solig‘idan gapirishga hayron edilar. Oradan bir hafta o‘tdi. Hech bir amin va ellikboshi bu to‘g‘rida hech bir kimga og‘iz ochgani yo‘q. Mingboshi tajanglana boshladi. – Mirza, bu zang‘arlaring esidan chiqardimi? Yo imoni o‘chib indayolmay turadimi? Bir-ikkitasiga farmoyish yozib, ot choptir! – Xo‘p, taqsir! Yigitlar farmoyishni ko‘tarib yo‘rta ketdilar. Ichkarida butun ishlar mingboshining istaganicha hal bo‘lgan edi. Ilgari dutor chalib «Netayxon» kuyiga sayraydigan shahar bulbuli, keyincha sekin-sekin qo‘lga qo‘na boshlab, Sultonxon tashqariga yo‘l solgan kechasi – biroz ijirg‘anib bo‘lsa ham – o‘zini mingboshi dodxoning ixtiyorlariga topshirdi… Topshirmay nima qilsin? Boshqa iloji bormidi? Qani u iloj? U ham shu o‘lkadagi minglarcha, necha o‘n ming, yuz minglarcha ayanch qullarning biri emasmi? Savdogarlar bilan liq to‘la qul bozorida sotiladigan kanizak hech bir tadbir bilan sotilishdan o‘zini qutqarolmaydi. Muning uchun o‘ziga o‘xshash kanizlarning ko‘p bo‘lishi, u ko‘pning bir butun bo‘lishi, bir butunning savlatli hukmlarga, ya’ni o‘limga tayyor bo‘lishi kerak. Ota-onalari tomonidan qari chollarga sotilgan qizlar ozmidi? Qaysi biri qarshilik qilib eplay olgan? Qaysi biri hiyla bilan qutulib ketgan? Undaylar to‘g‘risida xalq og‘zida bitta-yarimta doston ham yo‘q. Xalq taqdirga tan berganlardan gapiradi. Ko‘pchilikka quloq solsangiz: quturganlarning chor-nochor yumshaganini, osiylarning bo‘yinsunganini, telbalarga es kirganini, olovlarning pasayganini, alangalarning so‘nganini, faryodlarning bo‘g‘ilganini, dod-voylarning bo‘g‘izlardan beriga chiqolmasdan eriganini aytadi, aytarkan yo ko‘zidan bir-ikki tomchi an’anavny yosh chiqaradi, yo bo‘lmasa ma’nilik qilib boshini chayqaydi. Zebi otasining xunuk fe’lini biladi. Otasi shahardan piyoda kelgan edi. Oppoq soqoli bilan ko‘z yoshlarini to‘kib yig‘ladi. «Qizim, – dedi, – meni munaqa sharmanda qiladigan bo‘lsang, ilohim, bo‘yning tagingda qolsin… Murodingga yetmagin…» Munday qarg‘ishlarning ortiq darajada qo‘rqinch ekanini har og‘izdan eshita-eshita o‘sgan; «erga tekkuncha, xudodan keyin ota-ona keladi» degan talqinlar ostida katta bo‘lgan ojiz, irodasiz, ayanch va yakkabosh bir qiz uchun, Razzoq so‘fiday odamning omonsiz nazarlari ostida yetilgan bir notavon maxluq uchun haligi xilda qarg‘ishlarning ruhiy ta’siri bo‘lmasa mumkinmi? Muning ustiga, Zebi onasini haddan ortiq yaxshi ko‘radi, bu ko‘ngli qattiq otaning dardini u mushtipar ham kam tortgan emas… U bechora hali ham shaharga qaytib ketolmaydi. Bir siqim ro‘zg‘or sovrilib bitmadimikin? Ona sho‘rlik har kun yig‘laydi, ko‘z yoshi qiladi: «Aylanay qizim, menga rahming kelsin, – deydi. – Men senga onalik mehrimni qo‘yib katta qilganman, boshqa gunohim yo‘q. Seni suymagan kishiga bergan bo‘lsa, otang berdi… Men bir narsa deb eplay olamanmi, qalay? O‘zing bilasan. Otang tepa to‘nini teskari kiyib kelibdi. Mingboshi dodxo oldida munaqa sharmanda qiladigan bo‘lsa, qiz ham kerak emas menga, sen ham kerak emassan, deydi. Aylanay bolam. Men otangdan qo‘rqaman… Shaharga borolmayman. Bu yerda ham qololmayman… Hech bo‘lmasa menga rahming kelsin, bolam. Jon bolam, ko‘z bolam!» Har kun boshqacharoq shaklda takror qilingan bu so‘zlar ta’sirsiz qolmaydi, albatta. Ayniqsa, yumshoq ko‘ngilli qiz bolaga… O‘zi ham o‘ylaydi: «Men, – deydi Zebi, – yakka boshim bilan qarshilik qilib eplay olamanmi? U devday bir erkak bo‘lsa, men bir siqim joni bor qiz bo‘lsam? Onam bechora shaharga ketolmay, jonini qo‘liga olib, har kun, har kecha qulog‘im ostida yig‘lab tursa? Ikki kundoshim kecha-kunduz menga qarab kulib, meni erkalatib, silab-siypab muomala qilgani bilan, kecha-kunduz menga deydigani shu: «Munaqa qilmang, aylanay!» Mingboshini mendan uzoq tutish uchun jon olib, jon berib urinishi kerak bo‘lgan Sultonxon kelganidan beri har kun qulog‘imga egilib ikkala kundoshining gapini qaytaradi… bilolmay qoldim! Umrinisabibini chiqarmay qo‘ydilar, qiziga ham yo‘l yo‘q. Enaxon ham kam chiqadi, chiqqanda ham shu kundoshlarning gapini qaytaradi. Yolg‘iz jonim bilan hech narsa qilolmaydiganga o‘xshayman, taqdirga tan beraman, shekilli. Voy, xudoyim, o‘zing tashlaganingdan keyin boshqa chora bormi?» Shunday qilib, qiz bechora taqdiriga tan berishga jazm qilganidan keyin, omonsiz taqdirning sunib turgan jomidan o‘zini mast bo‘lganday xayol qilib, o‘zi xohlamagan va o‘zi qo‘rqqan zavqqa toldi. O‘sha shumlik kunda to kechgacha Zebi necha marta tishini tishiga bosib g‘ijindi, oyog‘i bilan yer depsab o‘zini zo‘rladi, oqshom chog‘i ko‘nglidagi iztiroblarni dutor qillariga va Netayxon yallalariga topshirdi. Ortiqcha qiynalmaslik uchun butun oqshom ichi fonar yoqmadi, tashqaridan tushgan zaif yorug‘da – mingboshiga qayrilib qaramasdan – dutorini chalib, yallasini qila berdi. Kelin bo‘lib kelgan kundan beri o‘ntacha qalin ko‘rpadan iborat hashamli yotoq uyning o‘rtasida har kun kuyov-qayliqni kutardi. Mingboshi har kungi odatini qilib, kirgan hamon yechinib yotgan, ustiga katta choyshabni tashlab o‘zi sevgan yallalarini tinglardi. Itlik qilmaslikka va’da bergan bu odam, bilmadim kimdan xijolat tortib, va’dasini buzishga urinmagan edi. «Bu oqshom ham sehrli yallani eshitib uxlab ketarman» deb o‘ylardi u. Zebi avval ashulla ni to‘xtatdi. Undan keyin, tashqarida hamma uxlagach, birdaniga dutorini irg‘itdi: «Bir narsa bo‘lmadimi?» deb o‘ylab boshini ko‘targan mingboshi yoniga salgina qaltiranib Zebining kirib kelayotganini ko‘rdi. Qiz uning ochilgan quchoqlariga bir qulday e’tirozsiz kirib ketdi… Ertasi kuni uncha ijirg‘anmadi. Undan keyin tabiat o‘z ishini qildi. Mamlakatning qizg‘in quyoshida tez yetilgan tan bechora qizning ma’yus ko‘nglini o‘z iliq quchog‘iga oldi. Erta bilan ikkala katta kundosh qahqaha solib turib bu yosh kundoshni olqishladilar. Ular o‘z qahqahalari bilan narigi kundoshni – Sultonxonni bo‘g‘moq istardilar. Holbuki, u har kecha deyarlik mirzaning qo‘ynida saodatdan bo‘g‘ilardi… U haligi yuksak qahqahani eshitgach, uning ma’nosini angladi: yugurib Zebining yoniga kirdi, hammaga birdan salom bergach, Zebiga osildi; uni ham – xuddi mirza kabi – butun hirsi bilan quchoqlab, cho‘p-cho‘p o‘pdi, bu bilan ikkala katta kundoshga demoqchi bo‘ldiki: «Siz qancha sevinsangiz, men sizdan ortiqroq sevinaman! Siz quruq vahimani quchoqlab sevinasiz, men tirik va joni bor odamni quchoqlab yayrayman. Kim ahmoq! Kim ahmoq?!» Sultonxon bechora kundoshlarnni «ahmoq» deb o‘ylaydi. Holbuki, u siqiq muhitda, u kishanli jamiyatda va u «mamnu’ o‘lka»da yashovchilarning hammasi bir-birini aldashga, bir-birini «ahmoq» qilib qoldirishga urinadi va o‘zi muvaffaq bo‘lgach, boshqa hammani «ahmoq» sanaydi. Yashash uchun kurash borayotgan bo‘lsa, odatda, kuch bilan yengolmagan odamlar hiyla bilan yengadilar: bu – juda tabiiy narsa. Ayniqsa, xotinni quldan battar xo‘rlovchi bir muhitda xotin chor-nochor hiylaning ustasi bo‘ladi. Xotinning ikki qo‘liga kishan solib, ko‘cha darvozasini tashqaridan qulflab do‘koniga ketadigan savdogar hammadan ortiq ahmoq bo‘lganini anglamaydi… Kecha va kunduz — 16-bob Yigitlarni farmoyish bilan aminlarnikiga jo‘natgandan so‘ng mingboshi dodxo ichkariga kirdi. So‘ng vaqtlarda fe’li juda o‘nglanib qolganidan hamma xotinlariga bir-bir tegishib, gap tashlab o‘tdi. So‘ngra Zebining uyiga kirdi. Zebi tashqaridaydi. Onasi xotirjam bo‘lib shaharga qaytib ketgan edi. Xadichaxon hovliga chopdi va Zebini aytib keldi. «Uyga kiring, aylanay, eringiz kirib ketdilar». Zebi kuldi, Xadichaxon ham kuldi: bu kulishning ma’nosini faqat kundosh ahli o‘zi anglaydi… Mingboshi Zebi kirguncha dutorni olib chertib boqdi. Chiqmadi. «Shop-shalopga o‘rgangan qo‘l dutorga yararmidi?» dedi o‘z-o‘ziga, shu bilan o‘zini yupatgan bo‘ldi. Zebi kirib mayda yo‘llardan bittasini oldi. Dutorning ovoziga endigina o‘z ovozini qo‘shaman deganda, tashqaridan mingboshini chaqirdilar. Bu Qumariq machitidagi to‘polon xususida kelgan birinchi xabar edi. Yarim soat ham o‘tmasdan, mingboshi eski yigitlardan ikkisini, yangilardan to‘rttasini olib, Qumariqqa qarata ot qo‘ydi. Machitdagi voqeani ot chopib kelib mingboshiga xabar bergan va uning yonida ot yo‘rtdirib borayotgan odam to‘pponcha voqeasidan so‘ng machitdan qochgan ikki elikboshining biri – Qosim laylak edi. Bo‘lgan voqeani oyoq ustida turib mingboshiga anglatdi va ahvolni juda vahimalik qilib ko‘rsatdi. Uning aytishicha, «mingboshi yetib borguncha qishloqning qariyb yarmi qirilib bitadi». Yo‘lga chiqqandan so‘ng mingboshining saman yo‘rg‘asiga yetolmasdan hansirab yo‘rtayotgan yo‘g‘on qora biyasini to‘xtovsiz qamchilab, mingboshiga «gap yedirishga» urindi. Boylarning ikkovidan ham Qosim laylak dilgir edi. Podsholikning pattalik soliqlari, ya’ni o‘lpon va tutun pullarini hammadan kech to‘laydigan, ammo qorovul puli va kapsan kabi pattasiz soliqlarni sira to‘lamasdan, ellikboshi va aminlarga o‘shqirib muomala qiladigan bu purzo‘rlar yolg‘iz Qosim laylakka emas, boshqa ellikboshi va aminlarga ham uncha yoqmasdilar. Yolg‘iz ellikboshi va aminlargagina emas, undan kattaroqlar ham «berganni» yoqtiradi-da! Fursat juda qulay kelganligidan Qosim laylak imkon boricha foydalanib qolmoqchi bo‘ldi. – Mingboshi dodxo, otlarga jindak dam bersak, oq ko‘pikka tushib ketdi jonivorlar! Sizga bir-ikki og‘iz zarur gapim bor edi. Mingboshi saman yo‘rg‘aning boshini tortib orqasiga qayrildi, yigitlar yiroqda qolgan edilar, faqat ular ham otlarning boshlarini torta tushdilar. – Uyalmasdan katta xolangday biyani minib yurganingni qara, laylak! – dedi mingboshi. – Mening qashqa yo‘rg‘am uyda qoldi, taqsir. Machitdan chiqib uyga borolmadim: fursat bo‘lmadi. Guzarda bitta shu ot bor ekan, minib chopa berdim. – Barakalla, laylak! Podsholikka shunaqa xizmat qilsang, martabang oshadi. – Shunisiga ham shukur, taqsir. – Qani, gapingni gapir. – Shu Umaraliboy bilan Yodgorxo‘jani aytaman. Bugungi fasodga ham o‘shalar sabab bo‘ldi. Pattalik soliq chiqsa, hammadan keyin to‘laydi. Pattasiz soliqlarni hech bo‘yniga olmaydi. Borib so‘rasang, o‘shqirib beradi. Qo‘rqasan odam… Shu bugun ham domla-imomdan keyin biri qo‘yib, biri yurtni tergadi, namoz o‘qimaganlarni so‘kdi. O‘zlari o‘qisa ekan, koshki… Yurt juda yomon ko‘radi u ikkovini: qishloqning to‘rtdan bir hissa yeri o‘shalarniki, ikkala ariqning suvini ham o‘shalar ichadi, hech kimga bermaydi. Hamma ulardan qo‘rqadi. O‘zimiz ham uncha-muncha yaxshi gapirib turmasak, shahardan kattalar chiqqanda, ustimizdan arz qilishadi. Qosim laylak bir-ikki yo‘taldi, orqasiga qarab oldi, so‘ngra yana so‘zida davom etdi: – Shuncha xalq oldida sizday odamga til tegizishdi… Mingboshi otining boshini yana torta tushib so‘radi: – Nima, nima? Menga til tegizdi? Nimalar deydi xotintaloq? Shundan keyin Qosim laylak ikkala boyning mingboshi to‘g‘risidagi fikrini biriga besh qo‘shib aytib berdi. Mingboshi qishloqqa kelgan kuni ko‘prik ustida Umaraliboyning domla-imomga aytgan so‘zlari ham mingboshiga to‘kis-tugal yetkizildi. Bu uzunquloq hech bir shohid yo‘q yerda aytilgan u so‘zlarni qaydan eshitgandir – bilmadim, mingboshiga eshittirgan vaqtda yarim hijosini ham g‘alat qilgani yo‘q. Shunday qilib, Akbarali mingboshi isyon chiqargan Qumariq qishlog‘iga tayyor fikrlar, hozir niyatlar bilan kirib bordi. Bular qishloqqa borib kirganda, oftob keng tolalar ustidan o‘z uyiga tomon yo‘l solgan edi. Hali ancha balandda bo‘lsa ham, uning kamolidan zavoli yaqinroq ekani ko‘rinib turardi. Saman yo‘rg‘a guzarning o‘rtasida to‘xtadi. Yugurib kelib yuganini ushladilar. Mingboshi irg‘ib tushdi. Guzardagilar hammasi oyoqqa qalqdilar. Machitda odam ko‘rinmadi, faqat namozxonlarning hammasi guzar oldida to‘plangan edilar. Ular orasida haligi ikkala boy yo‘q, bular hammasi supaning pastida namoz o‘qigan va «xotintaloq» deb so‘kilgan dehqonlar, chorakorlar, qarollar edi. Mingboshi o‘ng tomondagi ozodaroq samovarga chiqib, o‘zi uchun to‘shalgan to‘shakka o‘tirmasdan, gilamning bir chetiga o‘tirdi va chilim buyurdi. Chilimni juda uzoq tortib chekkandan keyin, sarg‘imtil tutunini og‘zidan sovurib turib, o‘tirganlarga xitob qildi: – Nima noma’qulchilik qilib qo‘yding, bachchag‘arlar? Hamma jim qoldi. U yer-bu yerdan bir-ikkita yo‘tal ovozi eshitildi. – Qani, gapirib ber menga. Nima noma’qulchilik qilding? Yana o‘sha og‘ir jimlik buzilmadi. So‘ngra mingboshi Qosim laylakka yuzlandi: – Qani, Laylak, sen gapir, bo‘lmasa! – Men, taqsir, podsholikning odami bo‘lsam. Nima deb gapiraman? Yurt o‘zi gapirsin. Haqiqat ma’lum bo‘ladi. Hamma gapni yo‘lda gapirib bo‘lgan Qosim laylakning yurt oldida gapirib javobgar bo‘lishdan o‘zini olib qochayotganligi ma’lum edi. – Bo‘lmasa gapiringlar. Nega jim turasanlar? Men haqiqatni bilay deb keldim. Nihoyat, boyga qarab musht ko‘targanlardan biri o‘rnidan turdi. Ko‘zlarida g‘azab uchqunlari chaqnasa-da, harakatlari og‘ir va beparvo edi. – «Xotintaloq» demasa, hech kim tegmas edi ularga. Hammamizni birdan xotintaloq deb yubordi, taqsir. – O‘zi xotintaloq! – dedi mingboshi. Mingboshidan bu xil javobni kutmagan olomonga jon kirdi. Har qaysi har tarafdan qichqirib gapira boshladi. – Bittang gapir! Bittang! Hammang baravar shovqin qilasan, gap uqib bo‘ladimi?! Bitta-bitta kelib gapir. Boshqa birisi turib keldi: – Senlar namoz o‘qimaysan deydi, taqsir. Benamozsan deydi, taqsir. Nima, u podsholik qo‘ygan raismi yo imommi? Tergasa imom domla tergasin. Yana biri turdi: – O‘zi namoz o‘qiydimi deng, taqsir. Jumaga kelsa keladi, kelmasa yo‘q. Ikkala hayit namozini o‘qiydi, munisi rost lekin. – Bittasi o‘lgudek xotinboz. Uning dastidan xotinlarimiz, opa-singillarimiz ko‘chadan o‘tolmaydi. O‘tgan xotinga gap tashlaydi. Uyat gaplarni gapiradi… – Bittasi sudga pul beradi. Boshqalar birni birga bersa, bu birni beshga, o‘nga beradi. Qishloq odamining uyi kuyib ketdi, taqsir! – Hamma yerlar asta-tekin o‘shalarga o‘tib ketayotibdi. Qo‘limizda yer qolmadi. Hammamiz chorakor bo‘lib qoldik. Ishlatib-ishlatib hech narsa bermaydi. Bir so‘m qarzimizni o‘n so‘m qilib ko‘rsatib, bizga ko‘nadigan haqni olib qola beradi. – Bir daftari bor, o‘zi yozib, o‘zi o‘chiradi. Biz bilmasak, taqsir… «Muncha qarzing bor, munchasi tegdi, munchasi qoldi» deydi. Biz qaydan bilaylik? – Bo‘ynimiz qarzdan chiqmaydi. – Podsholik «vayna»ga chaqirar emish deb eshitdik. Tezroq chaqira qolsa, hammamiz ketardik. Jonimizdan to‘ydik, taqsir. Orqasida o‘tirganlarga qaradi. Ular barchasi bir ovozdan tasdiq qildilar: – Shunday taqsir. Jondan to‘yib ketdik. – Hammamiz bola-chaqalik bo‘lsak… Nechtadan yosh jo‘jalarimiz bor… Biz o‘zimiz och-yalang‘och o‘ta beramiz, yosh bola uni bilmaydi: «non» deydi, «osh» deydi… – Kecha-kunduz ishlab qorning to‘ymasa, bu qanday zamon bo‘ldi? Mingboshi qichqirdi: – Gapirib bo‘ldingmi hammang? – Bizda ayb yo‘q, taqsir! – dedi birisi. – Bizda ayb yo‘q! – deb qichqirdi olomon. Shu vaqtda halloslab yugurganicha Umar amin kelib qoldi. – Ha, Umar, qayerda qolding? – dedi mingboshi. – Assalomu alaykum, taqsir! Xush kelibsiz. Men shu to‘polon bilan ovora bo‘lib yuribman. To‘polonda to‘pponchamni yo‘qotib edim, shuni topib oldim. – Boylar qani? – Biri behush bo‘lib uyida yotibdi. Bir qo‘li singanga o‘xshaydi. Boshi yorilibdi. Yana bittasi bir joyga bekingan bo‘lsa kerak. Daragi yo‘q… – O‘sha ikkalasi qishloqda qoladigan bo‘lsa, biz qishloqni tashlab ketamiz! – dedi birov. – Rost aytasan! – deb qichqirdi olomon. Mingboshi nima qilishini va nima deyishini bilmasdi. Nihoyat, qarorini berdi: – Olomon tarqalsin. Hamma uy-uyiga ketsin. Tirikchiligini qilsin. Aybdorlarni biz o‘zimiz topib, jazosini beramiz. Uning so‘zlarini amin ham baland ovoz bilan takror qildi. – Ishqilib, insof bilan tergalsin! Yurtda ayb yo‘q! – Yurt og‘iz ochmay turib, Umaraliboy so‘z boshladi. – Hammamizni haqorat qildi. – Mingboshi tog‘aning o‘zini ham haqorat qildi, zang‘ar! Amin borib shu so‘ng so‘zni aytgan odamga do‘q qildi: – Jim tur, ablah! Unaqa gaplarni gapirma! Yana o‘zaro g‘udrashib-g‘udrashib, to‘planganlar tarqalib ketdilar. Ular ketgach, mingboshi machitga borib voqea joylarini ko‘rdi, imom domlani topdirib kelib, voqea to‘g‘risida batafsil ma’lumot oldi. Imom qo‘rqqanidanmi yo boshqa bir xayol bilanmi, bo‘lgan voqeani aynan gapirib berdi. Ortiqcha yolg‘on qo‘shmadi, hech kimni qoralamadi, hech kimni yoqlamadi ham. Ma’lumot olingandan keyin, domlaga javob berildi. Endi ikki ellikboshi, bir amin va bir mingboshi maslahat uchun machit ayvoniga chiqib edilar, tashqaridan Yodgorxo‘ja kirib keldi. Mingboshi qaragali ulgurmay turib, boy shovqin soldi: – Mingboshi yotadi to‘rtta xotinni olib! Bu yerda yalangoyoqlar, boshkesarlar, o‘g‘rilarning dastidan hech kimga kun yo‘q! Bu qanday zamon bo‘ldi? Mingboshi supa qirg‘og‘ida to‘xtadi. – Shovqin solmay gapiring, boy. Qulog‘imiz bor. – Bizning bo‘lusimizda qulog‘i bor odamlar qolgani yo‘q o‘zi! Endi yer-suvimizni sotib, boshqa taraflarga ketmasak bo‘lmaydi. – Nima bo‘ldi sizga, Yodgorxo‘ja? Nega yotig‘i bilan gapirmaysiz? – dedi amin. – Sen gapirma, xotintaloq! Sendan kattarog‘idan ham qo‘rqmayman men! – Nima, nima? – dedi mingboshi. – Sen quturibsan, Yodgor! Senga odam mamilasini qilib bo‘lmas ekan o‘zi. Yurt bilib qilganga o‘xshaydi… – Voy-do-od!.. – deb qichqirdi Yodgorxo‘ja. – Voy-do-od Akbaralining dastidan! Aytmadimmi! Hamma o‘g‘ri, boshkesar, yalangoyoqlarning boshida Akbarali o‘zi turadi! Kechalari yigitlari bilan bosma qiladi. Yigitlari hammasi bosmachi! O‘g‘ri!.. – Olib bor bachchag‘arni! Qamab qo‘y! – deb baqirdi mingboshi, jahldan o‘z qo‘llarini chimchilardi. Hech kim qimirlamadi. – Qamatib ko‘r-chi, qani! Qamatib ko‘r-chi! Nima qilar ekanman! O‘g‘ri! Bosmachi!.. – Hoy bolalar, senga aytaman! – deb qichqirdi mingboshi.– Olib bor bu bosmachini, qamab qo‘y o‘sha hujraga! Darvoza oldidagi yigitlardan uchtasi kelib boyga yopishdilar. Boy ularning uchalasiga ham so‘z bermasdan, og‘zidan to‘xtovsiz «kufur» sovurardi. Keyin boshqa yigitlar ham yopishib uni o‘rtaga oldilar: zo‘r bilan so‘fining hujrasiga olib kirib, ustidan qulf soldilar. Bu vaqtda machit darvozasi oldiga yana odamlar to‘plana boshlagan edi. Mingboshi o‘zining eski, sinoqta yigitlaridan birini eshik oldiga qo‘ydi, yangi yigitlardan ikkisini uning yordamiga berdi. So‘ngra sinoqta yigitning qulog‘iga egilib, bir oz ta’limot berganidan keyin guzarga chiqib otiga otlandi. Ot tizginini ushlab turgan aminga ikki og‘izgina so‘z dedi: – Yurt ham tinchidi, boylar ham tinchidi. Mundan keyin ikkovi ham noma’qulchilik qilmaydi. Yurtga ham nasihat qil: o‘z boshiga ish tutmasin. Kerak bo‘lsa bizga arz qilsin. O‘zimiz adabini beramiz! Shundan keyin otning boshini burib, yigitlari bilan birga o‘z qishlog‘iga qaytib ketdi. Qorong‘i tushgan, yo‘lning ikki tomonida quruq g‘o‘zapoyasi qolgan, ba’zi joylarda g‘o‘zapoyasi ham yulinib yalang‘ochlangan yerlar endi birinchi qorning sovuq tamosini kutib yotardilar. Kelishda birushta chopib kelib oq ko‘pikka tushgan otlar bu qisqa to‘xtalishda jindak dam olgan bo‘lsalar-da, yana o‘sha xilda tez yurishga toblari yo‘q edi. Uncha-munchaga charchamaydngan saman yo‘rg‘a qamchining yeli bilan oyoqlarini bidratmoqqa boshlaganda, mingboshi o‘zi uning boshini tortib qo‘yardi. Yigitlarning otlari, baribir, qamchi zarbi bilan ham shoshilmoqchi emasdilar. Yigitlar mingboshiga malol kelmasligi uchun ohistagina g‘ingshib ashulla boshladilar. Nozik zamon, qorong‘i kecha, sovuq havo, keng tolada bu xirgoyi, negadir, mingboshiga yoqib ketdi. – Ha, yigitlar, ovozingni ko‘tara tush! Yigitlar bir yerga g‘ujum bo‘lib olib ashulla ni bir yo‘sinda cho‘zib yubordilar. Otlar ham ashulla ning zarbiga oyoq tashlab, ohista-ohista borardilar. Bu chopib kelish va hademay yana otga otlanib uyga qaytishning bema’niligini mingboshi o‘zi ham anglagan edi. «Butun bir qishloq qo‘zg‘olon ko‘tardi, – deb o‘yladi u. – Bir odamni chala o‘lik qilib tashladilar. Machitning panjaralari sindi. Yana birisi qochib qutulmasa, u ham o‘lardi yo mayib bo‘lardi. Yigit-yalang chinakam quturgan edi. Bu hazilakam gap emas. Qishloqning ikki ellikboshisi, bir amini hech narsa qilolmasdan, menga odam yubordilar. Apil-tapil kiyinib, otga otlanib, yetti-sakkiz yigitim bilan keldim. Kelishim chakana bo‘lmadi! Faqat, natija? Natija nima bo‘ldi? Nimaga erishdim? Nima qildim? Nimani bajardim? Yigit-yalangning arzini eshitdim (mingboshi, negadir, endi «yurt» degisi kelmaydi). Yodgorxo‘ja o‘shqirib kelib edi, qamatib qo‘ydim. Jindak hovuridan tushmasa bo‘lmaydi. O‘z qilmishiga pushaymon bo‘ladimi, yo‘qmi – uni bilmayman, ammo-lekin bugun-erta chiqib ketishiga qattiq ishonib turganini yaxshi bilaman. Qamoqdan chiqsa menga yomon osiladi. Iloji bo‘lsa, yarim podshogacha boradi. Qo‘ymaydi lekin! Bitta og‘zi katta boyga kuchim yetmagandan keyin, bu shop-shalopni nega taqdim, deng? O, puli tushkur-e! Amaldan ham kuchli ekan-a!.. Rost-da, Yodgorxo‘janing oqibati nima bo‘lishini men bilamanmi? Shunday katta mingboshi? Yo‘q, bilmayman! Uni shu holda ko‘p saqlab bo‘lmaydi, ertaga erta bilan yo konvoy bilan shaharga jo‘natiladi, yo chiqarib yuboriladi. Boshqa yo‘l yo‘q! Shu yo‘llarning qaysi biri ma’qul? Qaysi biri ep keladi? Qaysi birini qilsam, o‘zimga xayriyat bo‘ladi? Bilmayman! Hayronman… Shu topda Miryoqub juvonmarg bo‘lsaydi. Bir og‘iz gap bilan ma’qul maslahatni topib berardi, «Qo‘y ham butun, bo‘ri ham to‘q» bo‘lardi. Xotin dardiga qolmay o‘lsin, betavfiq! Bitta g‘ayridinni topib necha oylik yo‘lga ketibdi-ya!..» Otlar o‘lchovli qadam tashlab va boshlarini jirka-jirka ilgari bosarkan, yigitlarning goh ko‘tarib, goh pasayadigan mungli ashulla lari ostida mingboshi dodxoning miyasi shu xil fikrlar bilan tashvishlanardi. Mingboshi o‘zining Miryoqubsiz hech narsaga yaramaganini umrida birinchi marta o‘z-o‘ziga iqror qildi. To‘g‘risi, qilishga majbur bo‘ldi. Mingboshi qancha o‘ylasa ham, ma’qul bir maslahat topa olmadi. Miyasi charchadi. Boshi yengilgina og‘riganday, ko‘zlari tinganday bo‘ldi. «Xayr, qo‘y, – dedi yana o‘ziga o‘zi. – Uyga boraylik-chi. Hech bo‘lmasa, Hakimjondan maslahat so‘rarman». So‘ngra yigitlarga yuzlandi: – Qani, yigitlar, sho‘xroq ashulla dan bo‘lsin! Janoza bosib ketdi hammayoqni. Yigitlar kuldilar. Yo‘lda uchragan kichkina bir qishloqdan chiqqach, sho‘x ashulla boshlandi. Ungacha qish arafasining sovuq va serjahl shamoli qo‘zg‘aldi, uning ignalari yuz va quloqlarga achitib-achitib sanchilardi. Qor uchqunlari kelib goh-goh yuzlarni chimchilardi. Bir ozdan so‘ng saman yo‘rg‘aning oyoq bidratganini ko‘rib, yigitlar ham qamchiga zo‘r berdilar va el uyquga yotganda, o‘z qishloqlariga kirib bordilar. Hayal o‘tmay yigitlardan ikkitasi charchamagan otlardan ikkitasiga otlanib yana Qumariqqa jo‘nadilar: Yodgorxo‘jani bo‘shatib yuborishga farmon berilgan edi. Sultonxonni o‘z hujrasida qoldirib, negadir, halitdan qishlik po‘stinini ustiga tashlab va uyqusiragan singari dovdiranib hovliga chiqqan Hakimjon ikki yigitni u yoqqa jo‘natgach: – Chakki ish qilib qo‘yibsiz, xo‘jayin! – dedi. – Bilmadim, bu ishning oqibati nima bo‘larkin? – Nima bo‘lsa bo‘lar! – dedi mingboshi. – Olsa amalini oladi-da. Jonni olarmidi? Shuncha yil xizmat qilganman. – Munday nozik vaqtda xizmatga qaramaydi, xo‘jayin. Mingboshining jahli chiqdi: – Uyqudan qolibsan, mirza! – dedi u. – Tur, joyingga kirib yot! Erta bilan gaplash men bilan. Yuvuqsiz!.. O‘zi ham tappa-tappa qadam bosib ichkariga tomon yurdi. Mingboshining bu uzun suhbatni munday qirt kesib ichkariga yo‘l solganiga ichdan xursand bo‘lgan mirza o‘z uyiga kirgan vaqtida, mingboshi dodxoning xotinlari yuragini changallab o‘tirardi. – Qo‘rqmang, – dedi Hakimjon uni po‘stini orasiga olib, – siz o‘z uyingizda o‘tiribsiz… Bu kecha Hakimjon qancha kam uxlagan bo‘lsa, mingboshi undan ham kam uxladi. Yarim kechada katta xotinini uyg‘otib, jindak go‘sht qovurtirdi. Bir shisha aroq bilan uni yegandan keyin yana bir shisha aroqni yarim qildi va shundan so‘ng och bo‘riday uvlab-uvlab uyquga ketdi. Kecha va kunduz — 17-bob Kechasi tashqariga bir qarich qor tushdi. Derazalarning oynaklari panjara gulchin singari g‘alati-g‘alati naqshlar bilan bezandilar. Jips yopilmayturgan eshiklarning ikki qanoti orasidan sovuq qorning zaharli izg‘irini kirib, uylarning tokchalarini aylanmoqqa, uning sovuq «huv-huvlari» shift oralaridan eshitilmoqqa boshladi. Qaldirg‘ochning tashlandiq uyasidan chigirtkaniki singari ingichka hushtak ovozi chiqardi: izg‘irin berkinib olib sho‘xlik qilayotganga o‘xshaydi! Hakimjonning uyqusiragan ko‘zlarini uqalab turib kecha yarmida qilgan vahimasi mingboshining o‘ziga ta’sirsiz qolmagan edi. Kechasi ichilgan bir yarim shisha aroq uning miyasini tarozi toshiday og‘irlashtirib, bir nafasda ko‘zlarini yumdirgan bo‘lsa-da, tong yorishar-yorishmas yana bezovtalik bilan uyg‘onishiga sabab bo‘ldi. Ko‘zini ochgan vaqtida boshi xuddi pressga tushgan toypaxtadek, yorilgudek bo‘lib og‘rirdi. Zo‘rg‘a-zo‘rg‘a qayrilib yoniga qaradi: sevimli bulbuli, sochlarini to‘zdirib, shirin uyquda rohat qilmoqda edi! «Nima qilsam? Uyg‘otsammi? Yo uyqusiga xalal bermasammi?» deb o‘yladi mingboshi. Faqat, boshida o‘tirgan alvasti yo‘g‘on boltasini qo‘liga olib endi o‘tin yorishga kirishganidan, chor-nochor qichqirishga majbur bo‘ldi: – Tur, hay! Tur deyman! – Bu mingboshining o‘z sevimlisini birinchi marta senlashi. – Qotib qolibdi bachchag‘ardi qizi! – Zebini turtdi. – Tur deyman, tur! Zebi ko‘zini ochib darhol eshik tomonga qaradi: – Kim u chaqirgan? – Menman, men. Tur o‘rningdan! – dedi mingboshi uning yelka tomonidan. – Tur, kechagi aroqdi olib ber! – Sizga nima bo‘ldi? – Keyin bilasan. Bo‘l, aroqdi ber tezroq. Bir katta piyolaga choch qilib to‘ldirgandan keyin bir shimirishda ichib bo‘ldi. – Ah, xudoga shukur! – dedi. – Yotib uxlay ber. Hali vaqt erta. O‘zi og‘irlik bilan o‘rnidan turib tashqariga chiqdi. Tashqarida jon asari yo‘q. Hamma uyquda. Yangi yoqqan qor oyoq ostlarida g‘irchillama etik singari ovoz berib yotardi. Darvoza darichasi ochiq, demak, yigitlarning namozxoni O‘lmas ota namozga chiqqan. So‘riga borib o‘tirmoqchi bo‘ldi: so‘ridagi yig‘ishtirilmagan paloslar qalin qor ostida qolganlar. To‘shakcha ustidagi dumaloq bolish – tepasi qor, ikki yoni quruq – chala bo‘yalgan tuxum singari chuchmal va g‘alati ko‘rinardi. Ayvondagi gilamga chiqib o‘tirib boshini chayqab ko‘rdi. Og‘rig‘i tarqalgan, yengillashganday bo‘lgan, lekin miyaga o‘ylarni to‘playdigan holda emasdi. O‘ylar bulut ustiga mingashgan bulutday mujmal va rangsiz edilar. Gilamga uzanib boshini qo‘llari ustiga qo‘ydi: bemahal qishning sovuq tongida shamollab uyquga ketmoq istardi. Bo‘lmadi. Uyqu kelmadi. Ko‘zlarining ust pardasi yumilsa-da, ich pardasi yumilmoq istamas edi. Go‘yo bir bo‘lak go‘sht boshining oldiga – xuddi peshona tepasiga kelib olib, bilakdagi tomirday birushta lo‘mshib turardi. «Nima bo‘ldi menga?» deb o‘ylamoqchi bo‘ldi mingboshi: shu uch so‘zni miyasiga to‘play olmadi. Uchala so‘z boshining uch burchiga tarqalib, har tomondan poyma-poy ovoz berdi: «Bo‘ldi… nima?.. menga…» O‘rnidan turib kattakon chorsisini ariq suviga botirdi, so‘ngra naridan beri siqib olib boshiga bosdi va shu bo‘yicha kasal odamday o‘ntab yotib uyquga ketdi. Hakimjon kelib uyg‘otganda, soat 11 ga yaqinlashgan edi. O‘rnidan turmasdanoq yotgan joyida uchta-to‘rtta qalampir solingan achchiq sho‘rvadan yarim kosa ichdi. Ustiga katta bir ko‘rpa tashladilar, yotib terladi. Shundan keyin miyasi joyiga kelganday bo‘lib, o‘rnidan turdi. – Miryoqub akamdan xat bor, – dedi Hakimjon. – Kim olib keldi? – Boshqa qog‘ozlar bilan birga shahardan yuboribdilar. – Nima debdi? – O‘qib beraqolay. Hakimjon o‘qiy boshladi. Boshida uzundan uzoq duo-yu salomlar – hammaga alohida-alohida, nomma-nom… – O‘taber, – dedi mingboshi. – Undan keyin yo‘ldagi sarguzashtlar… – O‘taber… – Undan keyin Qrimning tog‘lari, dengizlarining ta’rifi. Bir necha bet… – O‘taber… Laqma bo‘lmay o‘lsin! Qachon kelishini aytmaydimi? – Yo‘q, – dedi Hakimjon. Xatni endi Hakimjon o‘z ichida o‘qiy boshladi. – Haligi manjalaqi to‘g‘risida hech gap yo‘qmi? – Yo‘q. Bir joyda «juda xursandman, ayshim joyida» debdi. – Uning ayshi joyida bo‘lmagan vaqti yo‘q… Mening uyim kuydi bu yerda! O‘taber! – Mana munda bir gapi bor. «Agarda bironta nozik ish chiqib qolsa va ham hokim to‘ra bilan xilvatda gaplashmakni taqozo qilinsa, hamma gapni Zunnunboy orqali noyib to‘raning og‘achalariga aytilsin. Inshoollo, har qanday mushkul ishlar ham xayriyat saranjom topqay». – Shunisi kerak edi bizga. Yana qaytib o‘qi! Ha, balli, endi qayerga tushgani bormi, yo‘qmi? – Ha, adresi bor. – Bo‘lmasa, tezlik bilan telegramma jo‘nat. «Tez yetib kelmasang bo‘lmaydi» degin. Uqdingmi? – Xo‘p, xo‘jayin. Menga qarang, dodxo. Xatning boshida g‘alati bir gap bor, siz qunt qilmay o‘tdingiz. – Xo‘sh, xo‘sh? Qani? – Mana muni eshiting: «Janobi hurmatlik otaxonimiz, qiblagohimiz, millatning otasi va taraqqiyparvar mulla Akbarali afandi mingboshi dodxo hazratlariga ko‘p-ko‘p salomdin so‘ngra andog‘ ma’lum va ravshan bo‘lgaykim… v.h.». – Nima balo? Jinni bo‘ldimi? Yo‘q yerdagi bema’ni so‘zlar… – Bilasizmi, xo‘jayin, bu so‘zlar hammasi jadidlar aytadigan so‘zlar. Abdisamat mingboshiga Samarqanddan bir jadid muftining yozgan xatini ko‘rib edim. O‘shanda ham «millatning otasi, taraqqiyparvar» degan gaplar bor edi… – Nima degani u? Hakimjon shu bema’ni savolga javob bermaslikni ep ko‘rdi. Shu uchun kaltagina qilib: – O‘zim ham bilmayman, – deb qo‘ya qoldi. – Ishqilib, bizni Abdisamatga tenglashtiribdi, degin. Miryoqubdan kelgan oqibat shu bo‘libdi-da… Shu topda mingboshining yuzida yosh bolalarning arazlashi singari bir narsa boridi. Hakimjon muni darrov payqadi. U avval bilinar-bilinmas qilib kuldi, keyin ovozida bir nav ermak asarini bosolmagani holda mingboshiga «nasihat» qilgan bo‘ldi: – Yo‘q, xo‘jayin, unday demang, Miryoqub akamning sizdan boshqa hech kimi yo‘q. Sizga hech qachon ignadek bir yomonlikni ravo ko‘rmaydi. – Men ravo ko‘ramanmi bo‘lmasa? – dedi mingboshi. Shu topda uning ko‘nglidan «mening kimim bor undan boshqa» degan alamlik bir fikr o‘tdi. Mingboshi bu og‘ir suhbatni yopmoqchi edi, shu uchun darrov so‘zni boshqa tomonga burdi: – Xo‘sh, bolalar kelishdimi? – Yo‘q, xo‘jayin. – Nima, nima? Shu vaqtgacha kelmaydimi? Qumariq qanchalik yo‘l ekan? Xuftonda odam jo‘natgan edik. – Bilmadim, xo‘jayin. Xuddi shu paytda yangi yigitlardan biri arvoq otni oq ko‘pikka tushirib choptirganicha yetib keldi. Darvozani ochguncha bo‘lmay otdan o‘zini tashlab, rangi o‘chgan va halloslagan holda mingboshining qarshisiga kelib to‘xtadi. – Nima gap? Muncha hovliqding? – Ish yomon, xo‘jayin. Ish yomon… Yigit so‘zlay bilmasdi. – O‘tir, damingni rostla! Bitta-bitta gapir! Mingboshi o‘zi ham ikki qulog‘ini dingkaytirdi. Yigitga bir piyola choy berdilar, ichdi, nafasini rostladi. So‘ngra birin-birin so‘zlab berdi. Mingboshining kechasi jo‘natgan ikki yigiti bu qishloqdan chiqmay turib, u qishloqda yana to‘polon boshlanadi. To‘polonni qamoqda yotgan Yodgorxo‘janing barzangiday ikki o‘g‘li bilan narigi – kaltaklangan Umaraliboyning bir o‘g‘li boshlaydilar: keyingi boyvachchaning qo‘lida kichkinagina oppoq «Smet-visson» to‘pponchasi bo‘ladi. Bular avval Yodgorxo‘jani qamoqdan qutqarib, keyin Umaraliboyni kaltaklaganlarning boshlig‘i hisoblanmish Mamaturdini otib o‘ldirmoqchi bo‘ladilar. Mamaturdining o‘zi Umaraliboyga yigirma yil qarol bo‘lgan kishi. To‘xtasin boyvachcha qo‘lidagi oppoq to‘pponchani yaltiratib qorong‘ida guzar oldidan o‘tar ekan, ovozini bemalol qo‘yib yuborib: – O‘z xo‘jayiniga, non-tuzini ichgan kishisiga qo‘l ko‘targan odam qanday odam bo‘ladi? – deb so‘zlanadi. – Unday odamni tirik qo‘yish yaramaydi. Uni tirik qo‘ysak, boshqalar ham shunga ergashadigan bo‘ladi. Aka-uka boyvachchalar ham bu fikrni ma’qul topadilar va mardlarcha qadam qo‘yib, guzar oldidan machitga tomon o‘tadilar. Bu vaqtda guzarda oq alanga qilishib o‘tirgan bir-ikki yigit darrov borib, eshitgan gaplarini Mamaturdiga aytadi. Mamaturdi qora sinchalog‘i bilan o‘ng qulog‘ini bir kavlab olgach, juldur guppisini yelkasiga tashlab uyidan chiqadi, birozdan so‘ng ular ham besh-o‘n kishi bo‘lishib, ko‘prik oldida – baqqol do‘konining ayvonchasiga to‘planadilar. Bu vaqtda birinchi qor qo‘shinining ilg‘orlari yerga yetib kelib, bir-bir qator chizila boshlaydilar. Achchiq izg‘irin childirmasini qo‘liga olib gijdangni qizitadi… – Men hech kimga tegmoqchi emasman, – deydi Mamaturdi. – Machitda gap boshlagan kim bo‘ldi? O‘shalar! O‘zlari «xotintaloq» deb so‘kmasa, biz qo‘l ko‘tarmas edik. – Ha, albatta, – deydi yigitlar. – Biz endi ham qo‘l ko‘tarmaymiz. Qo‘l ko‘tarib kelsalar, alvatta, jon boricha tortishamiz. Pakana To‘xtash ko‘pchilikning fikriga qo‘shilmaydi: – Ular qo‘l ko‘targandan keyin qo‘l ko‘tarsak kech qolamiz, og‘aynilar, – deydi u. – Orqalaridan quvib borib birdaniga soldirmasak bo‘lmaydi! Ha! Erali semizning juvozkash bolasi To‘xtashning fikrini quvvatlaydi: – Bostirgandan bosgan yaxshi, alvatta! – Yo‘q, senlar tushunmaysan, – deydi Mamaturdi. – «Og‘zi qiyshiq bo‘lsa ham boyning o‘g‘li gapirsin» degan gap bor. Kim kuchlik? Puli bor kuchlik. Podsholik, amaldor, yarimposhsho – hammasi puli borning og‘ziga qaraydi. – «Puli borning gapi o‘ng, puli yo‘qning gapi to‘ng»,– deydi yana bittasi. – Hab-barakalla. Biz oldin qo‘l ko‘tarsak, bu nomard amaldorlaring butun qishloqni otuv qilishdan ham toymaydi. O‘zlari bir nima deb kelishsa, biz o‘shanga qarab muomala qilaylik. – Ha, ha, to‘g‘ri, – deydi qishloq yigitlari. Biroz o‘ylagandan keyin Mamaturdi boshini ko‘taradi: – Menga qara, bolalar! Uning qasdi menda. Men o‘zim olishaman. Senlar aralashmasang ham bo‘ladi. Senlarda qasdi yo‘q. Yigitlar hammasi bir og‘izdan: – Yo‘q! – deb qichqiradi. – Biz senga qo‘l tegizdirmaymiz! Bu orada uchala boyvachcha qamoqdagi «bechora»ni qutqarib olish uchun qancha zo‘r berib, hech narsa chiqara olmaydilar. Mingboshining sinoqta yigiti qattiq turadi, miltiq qo‘ndog‘ini o‘z ko‘ksiga qadab turib qichqiradi: – Yaqin kelganingni otaman! Mingboshidan buyruq kelmaguncha hech kimni yaqin keltirmayman. Uning yonidagi yigitda ham ov miltig‘i bo‘lganidan, boy bolalari qo‘rqadilar: to‘pponchani qo‘yniga solib turib qahramon boyvachcha achchiq-achchiq so‘kinadi, shu bilan ular uchovi tez-tez qadam qo‘yib machitdan chiqib ketadilar. Machitning chap biqinidagi tor ko‘cha bilan tolaga chiqib, undan suv bo‘ylab to‘ppa-to‘g‘ri Mamaturdining uyiga boradilar. U yerda Mamaturdi bo‘lmaganidan, «biror joyda berkinib yotgandir» deb, uyning har tomonini qidira boshlaydilar. Mamaturdining gangib qolgan xotini «ko‘chaga chiqib ketdi, guzardadir, falon» desa ham, quloq solmaydilar. Xotin bechora boyvachchaning qo‘lida oppoq to‘pponchani ko‘rgandan keyin qo‘rqib ko‘chaga chiqadi va ovozining boricha baqirib «dod» demoqqa boshlaydi. Xotinining faryodini eshitgandan keyin Mamaturdi ishning nimaligini darrov payqab, yigitlar bilan birga o‘z uyiga qarab yuguradi. «Hay, hay! Hay, hay! Bu nima gap?» deb eshikdan kirgan hamon boyvachcha ayvon oldidan yugurib kelib unga qarata bir o‘q uzadi, o‘q Mamaturdining chap yelkasiga tegib uni yarador qiladi; u yoqdan pakana To‘xtash yetib borib kaltagina bir tayoq bilan boyvachaning qo‘liga uradi, to‘pponcha ikki-uch qadam nariga borib tushadi; narigi ikki boyvachcha bularga qarab tosh otishga kirishadilar. Shunday qilib, ikki orada yana urush boshlanib, natijada aka-uka boyvachchalarning biri o‘ladi, biri ozroq kaltak yegandan keyin qochib qutuladi; to‘pponchali boyvachcha esa to‘pponchasidan voz kechib, qorong‘ida bir joyga berkinadi. Qon ko‘p ketganligidan Mamaturdi ham yiqilib qoladi. Uning xotini erta qachon o‘zidan ketgan bo‘ladi. Machitda esa hujraning darpardasini ag‘darib tashqariga chiqqan Yodgorxo‘ja ikki yigitga so‘z bermay chiqib ketmoqchi bo‘ladi: yigitlar qor bilan namlangan yerda u bilan ancha olishgandan keyin qo‘l-oyog‘ini bog‘lab, yana hujraga kiritib qo‘yadilar. Shundan keyin ikki yigit yetib borib mingboshining buyrug‘ini eshitdiradi. Boy qo‘l-oyog‘i bo‘shalgandan keyin yigitlarni masxara qilib kuladi, juda bo‘lmag‘ur gaplar bilan haqorat qilib so‘kadi: «Hammangizni ottirib yubormasam nomimni boshqa qo‘yaman!» – deb qichqiradi. Yigitlar indamay tura beradilar. Faqat, yengilgina kulib qo‘yadilar. Yangi yigitlarning biri qattiqroq kulib yuborgandan keyin, boy turib unga yopishadi – urmoq qasdida bo‘lsa kerak. Shundan keyin, sinoqta yigitning man qilganiga qaramasdan, mingboshining yangi yigitlari uning o‘zini anchagina kaltaklab tashlaydilar. Butun shu hangomalar bo‘lgan vaqtda qishloqning bir amin va ikki ellikboshisidan hech biri ko‘rinmaydi: ular mingboshi ketar-ketmas uylariga kirib yashiringan bo‘ladilar… Mingboshi butunlay gangib qoldi. Nima qilishini bilmaydi. Kimdan maslahat so‘rashga hayron bo‘ladi. Shu tirrancha Hakimjondan maslahat so‘ray bersa, u nima xayollarga boradi? Holbuki, bu Qumariq voqeasi uni ikki o‘t orasiga tashlab qo‘ydi: bir tomonda – haqligi ochiq ko‘rinib turgan fuqaro, xalq; bir tomonda – puli ko‘p, obro‘yi katta boylar. Mingboshining o‘zi uchun, shu topda, fuqaro qo‘rqinch emas: mingboshi nima desa, yo‘q demaydi fuqaro. Boylar bo‘lsa na fuqaroni bir chaqaga oladi (munisi-ku mayli-ya!), na mingboshini (mana munisiga chidab bo‘lmaydi!). Ochiqdan ochiq so‘kadi, haqorat qiladi, xalq oldida «seni u qildim, bu qildim!» deb baqiradi. Mingboshiga qolsa ikkala boyni Sibirga jo‘natardi. Lekin bu – bo‘ladigan ish emas. Fuqaro qancha haqli bo‘lsa ham, shahardagi kattalar puli borning tarafini oladi, unga ozor berdirmaydi. Endi mundan keyin boylar ham tek turmaydi: bor-yo‘g‘ini advokatga berib, kattakon arizalarni yozdiradi, katta noyibga, uyezd hokimiga, yarim podshogacha ariza yuboradi. Ishqilib, mingboshining boshini yemay qo‘ymaydi… Qani endi, Miryoqub bo‘lsa! Albatta, bir tadbirini qilardi. Qo‘ymasdi. «Attang, – deydi mingboshi o‘z-o‘ziga. – Qishloq odamlari chakki qilibdi. Kechaning o‘zida ikkala boyni o‘ldirib yuborishsa yaxshi bo‘laridi. Ayb menga tushmasidi: chunki men u yerda yo‘q edim. Juda soz bo‘lardi. Attang, attang…» Nima qilishini bilmasdan ichkariga kirib, tashqariga chiqib, hovliga o‘tib, ko‘chada aylanib – kech kirguncha xayol surib yurdi. Kech kirganidan keyin, Zebining yoniga kirib, kechki ovqat bilan birga bir shisha aroqni ichib oldi. So‘ngra to‘shakka yonboshlab, o‘zining xunuk va qo‘pol ovozi bilan turli-tuman, almoyi-aljoyi ashulla larni aytishga boshladi… Uchala xotin dahliz eshigi oldida to‘xtashib ashulla ni eshitar va ag‘anab-ag‘anab kulardilar. Faqat, birgina Poshshaxonning ko‘zlarida Zebining to‘yidan burun bo‘lgani singari o‘tkir bir jiddiyat ko‘rinardi. Bu jiddiyat ichidagi og‘ir iztiroblarning ko‘zlarda aks etgan ko‘lagalari edi. Uning shu topdagi ko‘zlariga tikilib qaragan kishi qo‘rqib ketadi. Faqat, har biri o‘z kunini o‘zicha ko‘rayotgan kundoshlar u ko‘zlarning qo‘rqinch ifodalaridan bexabar… «U – yenggan, yutgan, oshig‘i olchi kelgan, deganini bo‘ldirgan kundosh emasmi? Nima g‘ami bo‘lsin?..» Kundoshlar shunday o‘ylaydi. Lekin haqiqatda… Haqiqatda esa mingboshi xotinlari orasida eng jonli va eng esligi bo‘lgan bu juvon Sultonxonga qarshi ochgan kurashining natijasidan norozi edi. Zebi kelmasdan burun qanday zo‘r berib o‘ylangan bo‘lsa, endi undan ko‘proq xayol suradi. Uning xayoli daryolarday bu juvonni allaqaylarga oqizib olib ketadi. Ushlab bo‘lsa ekan xayollarning uchini! «Nima bo‘ldi? Zebixonni keltirdik: qancha qiyinliklardan so‘ng uning qaysarligini sindirib, qo‘ziday yuvosh va muloyim qilib mingboshiga topshirdik. Mingboshi endi undan xursand: Zebixonning ham xafa bo‘lgani ma’lum emas. Nega xafa bo‘lsin? Mingboshi o‘zi qari bo‘lsa ham, quvvati joyida: u o‘zi bir xotinga qanoat qiladigan bo‘lsa, xotin kishi albatta qanoat qiladi. Undan keyin, «yosh xotin qari erkakni yashartadi» degan gaplar bor: qariganda uylanadigan erkaklar shu hikmatga amal qilar emish. Mingboshiga tegmagani bilan, Zebixonning baxti kularmidi? Ma’lum emas. Mingboshi qari bo‘lsa, uning o‘rniga mutloq yosh bir yigit kelishiga kim kafil bo‘lardi deysiz? Zebixonning otasi qizining noziga qaraydigan kishimi? Yo‘q, aslo yo‘q! Mingboshi bilan oralari tuzalgandan keyin muni Zebixonning o‘zi ham iqror qilmadimi? Bir kuni kundoshlariga nima dedi u? «O‘-v-v, – dedi, – qiz bolaning peshonasi qursin! O‘zi xohlab erga tega olarmidi? Meni otam shu qari odamga berdi deb koyiyman: munga bermasa, kimga berardi? O‘zim suygan yigitga berarmidi, qalay? Tantiligi tutib ketganda eshonboboga berib yuborardi… U mundan beshbattar!» Xo‘sh, mingboshining o‘zi, odamlar aytganday, juda xunuk va badbashara odammi? Albatta, ko‘p erkaklardan xunukroq… O‘lgudek qo‘pol… Ammo-lekin dunyoda undan xunuk, undan qo‘pol erkaklar ham bor-ku! Munga bermasalar, o‘shalardan biriga ham bermas edilar deb kim ayta oladi? Hech kim!» Poshshaxonning o‘tkir o‘yi o‘rgimchak to‘riday har tomonga yoyilib miyasini g‘ovlatadi. Tinim yo‘q u o‘ylardan! «Sultonxonning o‘rnini Zebixon egalladi. Mingboshi Zebixonning uyiga butunlay kapa tikib oldi. U uydan goh yosh kelinning quvnoq va bolalarcha kulishi, goh qari kuyovning xursand qiyqirishlari, goh bo‘lsa yangi qayliqning yo‘rg‘a zarbli dutori bilan shirin va shirali ovozi, goh bo‘lsa yangi keltirilgan gramofonda Netayxonning qichiq yallalari eshitiladi… Ana turmush! Ana kuyov-qayliq! Poshshaxon bilan Sultonxon qayliq bo‘libdimi? Zebixonga elchi qo‘yib yurilgan vaqtlarda mingboshi bir so‘z degan emasmidi: «Shuni qo‘lga keltirsam, bor-yo‘g‘imni tutaman. Bor-yo‘g‘im shuniki bo‘ladi. Bittagina bola tug‘ib bersa, merosxo‘rim o‘sha bo‘ladi. Boshqalarga hech narsa yo‘q!» Yaqinda ham Hakimjonga aytgan emish: «Men endi topdim baxtimni. Hamma yo‘g‘im shuniki. Boshqalarga besh-to‘rt tanob yerni tirikligimda o‘tkazib berib, qolgan davlatimni batamom shunga qoldiraman». Mingboshining katta davlatidan katta meros kutgani uchungina qora ko‘zli Miryoqub Poshshaxonni quchog‘iga olgan emasmidi? Orada va’da berishlar bo‘lgan emasmidi? Miryoqubday qora va chiroyli ko‘zli, tani-joni sog‘, o‘zi bardam, bazmchi, aysh-u ishratni hamma vaqt shirin suhbat bilan boshlaydigan, ozoda va shirin so‘zli erkakni qaydan topib bo‘ladi? Mingboshining hamma davlati qolmaganda ham, ko‘proq qismi Poshshaxonga qolganda, Miryoqub yana quchog‘ini ochib kelardiku-ya. Bir o‘ris xotin bilan allaqayoqqa ketgan emish. Bu erkak xalqi shunaqa itmijoz bo‘ladi. Bittaga iliqsa, ergashib ketaveradi… Mayli, o‘ynab keladi. Mingboshining katta davlati tinch qo‘yadi deysizmi?» Poshshaxonning kuchli o‘ylari shamolday uchadi, baland-pastni aylanadi. Qani endi, ularni tutib bo‘lsa! «Miryoqubga va’da qilingan katta davlat yaqin o‘rtada Zebixonga tegadurganga o‘xshaydi. Mingboshi axir hamma xotinlaridan qari. So‘ng vaqtlarda aroqqa yomon berildi. Bu xilda icha bersa, birda bo‘lmasa birda yuragi kuyib o‘ladi. O‘limi ham yaqin endi uning! Yurt besaranjom… Mingboshiga emas, undan kattarog‘iga ham so‘z bermaydi. Qumariqdagi to‘polon mingboshining oshiga zahar qotib qo‘ydi, o‘tirar joyini topolmaydi. Mingboshi shu ketishda o‘lmaganda ham, yo bekor bo‘ladi, yo boshqa. Achchig‘i kelsa, «vayna»ga ketib qoladi… Bordi-yu, bir kun erta bilan mingboshi jon taslim qildi. Davlati nima bo‘ladi? Davlati qursin! Hammani yeb ado qiladiganga o‘xshaydi. Ilgari to‘rt kishi o‘rtasidaydi, endi besh kishi o‘rtasiga tushadi. Ilgari hech bo‘lmasa har kimga o‘z hissasi tushadi degan umid boridi, endi uch xotinga bir hovuchdan yer, qolgan hammasi Zebixonga. Dunyoda o‘z oyog‘iga o‘zi bolta chopadigan ahmoq ham bo‘ladimi?» Oynaga qaraydi Poshshaxon: «Mana, mana, o‘sha ahmoq!» deydi, yig‘lashga hozirlangan xo‘rsiniq ovozi bilan qahqaha solib kuladi. Poshshaxonning jahliga tekkan yana bir narsa – Sultonxonning beparvoligi! Shu beparvolik, shu o‘ynab-kulib yurishlar Poshshaxonni sil qiladi, sil! «Nima bo‘ldi bu juvonga? Ertadan kechgacha kundoshlari bilan o‘ynashadi, gapiradi, ashulla qiladi, kuladi, kuldiradi, tegishadi, hazil qiladi, qitiqlaydi, qochadi, quvlaydi, quvlashadi. Qor yoqqanidan beri qishloqning yarim xotin-qizlari bilan qor otishib chiqdi… Uchta bilan «qorxat» o‘ynab yutdi… Nima balo bo‘ldi bu juvonga! Kech kirsa, xuftondayoq o‘z uyiga chekilib, eshikni ichidan berkitib oladi: tong otguncha dov-daragi yo‘q bo‘lib singib ketadi… Eng ashaddiy dushmani Zebixon edi, eng yaqin o‘rtog‘i Zebixon bo‘lib qoldi. Ikkalasi sirdosh, mahram…» Bir zamon Sultonxonning boshidan o‘tgan uyqusiz kechalar endi Poshshaxonning ko‘zini yumdirmaydi. Har kuni shomdan tortib azongacha yotgan joyida u yoq-bu yoqqa ag‘anab o‘y o‘ylaydi. Ko‘p o‘ylash natijasida Sultonxon o‘zining ma’lum qarorini berib, darhol ishga kirishgan edi, endi Poshshaxon ham o‘zining qo‘rqinch qarorini berdi va ishga boshladi: «Endi bir o‘q bilan ikki qushni ag‘darish kerak!» Poshshaxonning qarori qanday qo‘rqinch bo‘lsa, uning bajarilishi shu qadar tez va oson bo‘ldi: baqqoldan yashirincha oldirilgan kuchala kichkinagina dekchada ertadan kechgacha qaynadi; ertalab uning suvi bir choynakka solinib, Zebining uyiga olib kirilishga mo‘ljallandi… Bu vaqtda mingboshining qolgan uchala xotini Dadaboy baqqolning katta qizinikiga ziyofatga chiqib ketgan edilar. Mingboshi esa shoshilish suratda shaharga chaqirilgan, yashirib bo‘lmaslik darajada besaranjomlik va talvasa ko‘rsatgan holda ertalab shaharga jo‘nab ketgan edi. Poshshaxonning uyida allaqanday bir qarindoshi o‘tirganligidan kundoshlari uni qistamadilar. Xadichaxon kelib uni tashqariga chaqirib olgan va «Mehmoningizni jo‘natgandan keyin chiqing. Kechgacha o‘ynashib o‘tiramiz» degan edi. Shunday qilib, o‘zi yolg‘iz qolgan Poshshaxon bemalol Zebining uyiga kirdi… Tokchada bir kichkina choynakda «tabarruk» suv bor edi: u suvga Razzoq so‘fining iltimosi bilan eshonning o‘zi duo o‘qib dam solgan, uni ichgandan so‘ng tez fursatda Zebi homilador bo‘lib, bola tug‘ishi kerak edi. Choynakdagi «tabarruk» suvni ho‘l obrezga to‘kib tashlab, o‘rniga o‘z choynagidagi suvni to‘ldirdi. Tamom! «Zebi kechqurun chiqib suvdan ichadi-da, til tortmay o‘ladi. Undan keyin kundoshini o‘ldirgan albatta Sultonxon bo‘ladi. To‘rtinchi xotinning uchinchidan boshqa kundoshi bo‘ladimi? Muni yosh bola ham biladi…» Uydan to‘ppa-to‘g‘ri baqqolning qizinikiga chiqdi. Anchagacha kundoshlari va o‘rtoqlari bilan gaplashib, o‘ynashib, kulishib o‘tirdi. O‘zi zahar berayotgan kundoshini bir quchoqlab o‘pti… Zebining o‘pishlari issiq va astoydil bo‘lsa ham, Poshshaxon, negadir, halitdan uni o‘likning sovugan lablaridan olganday bo‘lar va nishab suvga tegib turgan maysa uchiday yengilgina qaltirardi. Qahqahalar bilan dunyoni boshiga ko‘targan vaqtlarida ham o‘z qo‘lining beixtiyor ko‘kragiga borib qolganini payqar, allaqanday sovuq bir tuman parchasining ko‘kragida ivirsib, u yer-bu yerga qadalib yurganini sezardi. Shu qadalgan narsani chiqarib yubormoq uchun o‘zini zo‘rlab bo‘lsa ham bir-ikki marta qattiq-qattiq yo‘taldi. Faqat, bu yo‘tal uning og‘zidan emas, allaqanday yetti yot begonalarning og‘zidan chiqdi, bu yo‘tal ovozidagi oriyat shu qadar ochiq ediki, yo‘taldan so‘ng Poshshaxon yana ko‘ksini g‘ijimlashga majbur bo‘ldi. – Nima bo‘ldi, jonim, sizga? Shamollab-netib qoldingizmi? – deb so‘radi Zebi. Zebining shu mehribon, shu sodda, shu bolalarcha ma’sum ko‘zlarida samimiyatdan boshqa hech qanday ma’no bo‘lmasa-da, Poshshaxon unda quyidagi so‘zlarni o‘qidi: «Bir meni o‘ldirganing bilan maqsadingga yetolarmiding? Bekor mening yosh jonimni juvonmarg qilganing qoladi». Shundan keyin haligi tuman parchasi ko‘krak tegrasida ot qo‘yib chopqillay boshladi. Butun a’zoyi badanida yalmog‘iz kampirning muzdek sovuq qo‘llari o‘rmalaganday bo‘lardi. Yosh juvonning rangi o‘chdi. Kundoshlari uning tegrasini oldilar: – Nima bo‘ldi, Poshshaxon, sizga? – Sovuq oldiribman, shekilli. – Chiqib yoting, bo‘lmasa. Ovqatga ham qaramasdan uyiga chiqib ketdi. Shu bo‘yicha ertasi kuni ham boshini ko‘tarolmadi… Kecha va kunduz — 18-bob – Akbarali, sen shunday bir ish qilibsanki, – dedi noyib to‘ra, – endi mundan nari men seni himoya qilolmasman. Mingboshi nima deyishini bilmasdan yerga qarab jimgina o‘tirardi. Noyib to‘ra davom etdi: – Ikkala boy bir bo‘lib eng yaxshi advokatga ikki quloch ariza yozdirishib, to‘ppa-to‘g‘ri hokim to‘raga tutibdilar. Hokim to‘ra telefon berdi, mendan biroz koyidi. Endi bugun o‘sha arizani menga chiqarib, mendan ma’lumot so‘rabdi. Arizani ko‘rdim. Yomon narsalar bor unda… Seni endi hech kim himoya qilolmas deb qo‘rqaman… Mingboshi beixtiyor boshini ko‘tarib noyib to‘raga qaradi, so‘ngra yana burungidan ko‘ra pastroq engashib, amirkon etigining bukilgan boldirlariga tikildi. Noyib davom etdi: – Hozir, sen kelmasdan bir oz burun, bir odamimni Qumariqqa yubordim. Uchastka pristavi ham o‘sha yerda. Machitda ikki boyga qarshi musht ko‘tarib chiqqanlarning hammasini qamoqqa oladi. Boshqa chora yo‘q. Imom domlaga bizning nomimizdan rahmat aytishga buyurdim. Juda yaxshi so‘z qilgan deydilar. Mingboshi chidayolmadi: – Taqsir to‘ra, men hayronman: haligi qamoqqa olinadiganlarda zarracha gunoh yo‘q-ku. Bu qanday bo‘ladi? Agar o‘zingiz o‘sha yerda bo‘lsangiz, u ikkala boyni otardingiz… – Bilaman, – dedi noyib, – juda yaxshi bilaman. Unaqa mingta arizadan sening bir og‘iz so‘zingga ko‘proq e’tibor qilaman. Boylarning quturgani rost, surishtirib ko‘rdim. Ular o‘z qilmishlarining jazosini tortganlar… Mingboshi dadillandi: – Unday bo‘lsa, munday adolatlik podsho vaqtida ochiqdan ochiq nohaqlik qilishga qanday yo‘l qo‘yiladi? Noyib kuldi: – Soddasan, Akbarali. Podsholik hamma vaqt yurtning obro‘ylik odamlarini himoya qiladi. Obro‘y davlat bilan topiladi, muni bilasan. Undan keyin, qishloq odamlarining shunaqa o‘zboshimcha harakatlariga yo‘l qo‘yib bersak, oz vaqt ichida qishloqdan qo‘l yuvishimiz kerak bo‘ladi. Sen xomsan siyosatga… – Men bir omi odamman, – dedi mingboshi, – siyosatingizni bilmayman. Qo‘limdan kelganicha podsholikka xizmat qilib keldim. Shuncha zamon qilgan xizmatimni nazarga olmasmikin? – Men ham shuni o‘ylayman. Akbar, sen hozircha boraver. Men hokim to‘raning oldida seni oz bo‘lsa ham himoya qilib ko‘raman. Bo‘lmasa, sening o‘rningga boshqa odam qo‘yarmiz. Davlating katta, yeb yota berasan. O‘zing ham qarib qolding. – Mayli, taqsir, – dedi mingboshi bir oz yengil tortib, – amaldan tushiringiz, mayli. Qarigan vaqtimda so‘roq berib yurishga nafsim ko‘nmaydi… – Menga qolsa senga tegmas edim, Akbar. Ish hokim to‘rada. Hokim to‘rani yo‘lga solish qiyin bo‘ladi, unga bir narsa degani men qo‘rqaman… chunki ish juda xunuk. Xayr, boraver, iloji bo‘lsa, o‘sha ikkala ko‘ppak bilan o‘zing bitish. Balki, arizaning beoqibat qoldirilishini so‘rab ariza berarlar. Miryoqub bo‘lsaydi, senga oson bo‘lardi… – Nimasini aytasiz, to‘ra, boshim qotib qoldi. Shu bilan mingboshi ko‘ngli buzilib mahkamadan chiqdi. Mingboshilikdan bekor qilsalar, uncha qayg‘urmas edi: munga o‘z nafsini bir ish qilib ko‘ndira olardi. Lekin «Akbarali mingboshi amalidan bekor bo‘libdi» degan xunuk gapni haligi ikki boy bilan Abdisamat kaptarlarning qanotiga ilib, shamolning qo‘ltig‘iga qistirib, yomg‘irning tomchisiga joylab, bulutning qo‘yniga solib uchiradi; har bir uchgan qarg‘a shuni aytib qag‘illaydi, shu bilan ikki kun ichida u shumli xabar yer yuzini aylanib Makkatillogacha yetib boradi. U yerda mingboshining eski kushandasi Nasriddin baqiroq Ka’bayi sharifning baland tomiga chiqib arab tilida ayyuhannos tortadi… Undan ko‘ra o‘lgani yaxshi emasmi?.. Zunnun bilan birga noyib to‘raning uyi oldidagi pastgina skamyaga o‘tirdilar. – Men ham eshitdim, ota, xunuk gap bo‘libdi, – dedi Zunnun. – Yomon bo‘ldi bu ish, shu sababdan men sening yoningga keldim. Yaqinda Miryoqub akangdan xat kelib edi, «ba’zi bir nozik ishlarni Zunnun bilan gaplashinglar, u o‘zi noyib to‘raning bekasiga aytib to‘g‘rilaydi» degan ekan. Shunga kelib edim. – Jonim bilan, ota! Miryoqub akam aytmasa ham qilib beraman. Bemalol buyura bering. – Hamma gap hokim to‘rada, deydi. Hayronman. Beka bilan gaplashgin-chi, nima maslahat berar ekan. – Siz eski shaharga tushib, kechgacha bir aylanib keling. Men beka bilan gaplashib qo‘yaman. Kech paytida javobini aytaman. Shunga qarab ish qilasiz. Mingboshi o‘sha kunni zo‘rg‘a o‘tkazdi. Namozgar bo‘lmasdan turib Zunnunning oldida edi. – Katta pul kerak emish, – dedi Zunnun birdaniga. Mingboshi ham ustidan tog‘ tushganday yengil nafas oldi. – Pul bilan bitadigan bo‘lsa, mayli. Pul topiladi. Mingboshining yengil nafas olganini ko‘rib, Zunnun ham ochila tushdi, uning ko‘zlarida burungi andisha qolmagan edi. – Bekamiz munday dedilar: hokim to‘raning xotini bilan o‘zim gaplashib ko‘raman, ish qaltis, bir narsa chiqadimi, yo‘qmi – oldindan aytolmayman. Har qalay, bir ming, bir yarim ming pul kerak, deydilar. O‘zimga bo‘lsa, Akbarali qadrdon odam, ish eplanadigan bo‘lsa, keyincha bir narsa qilar, deydi… Ammo, deydi, ish juda nozik, bir narsa chiqarib bo‘larmikin, yo‘qmikin – hayronman, deydi. Pulni olib kela bersin, «Yotib qolguncha otib qolaylik» deydi. Ammo menga ishonib o‘zi harakatsiz yurmasin, deydi. – Qulluq, Zunnun, qulluq senga. Bu ish tuzalmaydiganga o‘xshaydi. Xayr, mayli, erta-indin pulni eplab olib kelayin. Bir urinib ko‘raylik. Chiqsa – chiqar, chiqmasa, otasining go‘riga… – Ichkariga kiraylik, ota. Bitta-yarimta choy qilay. – Yo‘q, Zunnun, tomog‘imdan hech narsa o‘tmaydi. Mingboshi Zunnun bilan xayrlashmasdanoq o‘rnidan turib ketdi. U yerdan chiqib oddiy bir mayxonaga kirdi. Bir shisha aroqni jindek kabob bilan ichib oldi. So‘ngra miyasi xamirday ko‘pib, ot ustida qiyshaya-qiyshaya orqasida ikki yigiti bilan qishloqqa jo‘nadi… Uydagilar allaqachon yotgan edilar. Dovdiraganicha qoqilib-yiqilib Zebining uyiga kirib bordi. Miyasi hech narsa olmasidi, shunday bo‘lsa ham ertaga yo indinga bir ish qilib loaqal uch ming so‘m pul topishga jazm qildi. Muning uchun hech qanday tadbirdan chekinmayajak edi. – Tur, hoy! – dedi Zebiga. Zebi yotgan joyidan turib, fonarni balandlatdi. – Dasturxonni yoz! Yegulik narsang bormi? – Ha, kosada osh bor. – Ber bu yoqqa. Zebi erining mast ekanligini bilsa-da, uning ovozidagi bu g‘ayritabiiy qo‘rslik va qattiqlikka hayron bo‘ldi, boshini ko‘tarib unga tikildi, «o‘zimi, boshqami?» deganday… – Nimaga menga qaraysan? Yo mastmisan, sintaloq? – dedi mingboshi. Zebi indamasdan dasturxonni yoyib oshni qo‘ydi. – Och muni! – Mingboshi yonidan bir shisha aroq olib uzatdi. – Men ochishni bilmayman, – dedi Zebi, ko‘z yoshlari qovog‘iga kelib tizilgan edi. – Mening xotinim bo‘lib aroq ochishni bilmaysanmi? – dedi mingboshi, xoxolab kuldi. – O‘rgan! Mana, qarab tur! – Shishaning tagiga yo‘g‘on shapalog‘i bilan ikki marta urdi, po‘kak sachrab chiqib shiftga tegdi, so‘ngra u yerdan sachrab tokchadagi katta jomga kelib tushdi: «jar-r-rang»… etdi jom. – Xa-xa-a!.. – dedi mingboshi. – Jomlaringni jaranglatdim, sintaloq! Bir-bir ketin ikki piyolani to‘latib ichdi, yengi bilan og‘zini artdi. So‘ngra bir piyolani choch qilib Zebiga uzatdi: – Ma, ich! Odam bo‘lasan! – Voy, o‘laqolay! Aroq ichamanmi? Qo‘ying, gapirmang! – Odam bo‘lasan, deyman! Ol! O-ol!!! Zebi orqasiga chekilib yig‘lab yubordi. – Qo‘y, mayli, ichmasang ichma, – dedi mingboshi. – O‘zim ichaman! Bir shishani tamom qilib, yuvuqsiz qo‘li bilan oshga chang soldi. Oshning yarmi barmoqlari orasidan dasturxonga, ko‘rpa-to‘shakka, o‘zining liboslariga to‘kilardi. Zebi devorga suyanib, bu qo‘rqinch kuyovni tomosha qilardi… Mingboshi og‘zida to‘la osh bilan: «Netayxon aylanay yodimga tushdi-e…» deb xirgoyi qildi. Oshli og‘iz bilan boshlangan xirgoyi tomoqqa tiqildi, mingboshi qoqab ketdi va og‘zidagi oshni kosaga purkab, yana oshga qo‘l uzatdi. Zebining ko‘ngli aynidi, shekilli, sekingina tisarila-tisarila dahlizga chiqdi. Dahlizda bir piyola sovuq suv ichdi. Yuragi kuygani bosilmadi, shekilli, yana quymoqchi bo‘ldi. Suv yo‘q edi. Bir qanoti ochiq eshikdan uyga qaradi. Mingboshi yana bitta shishani ochib piyolaga to‘ldirayotgan edi… Zebi tashqariga chiqib toza qor bilan qo‘lini yuvdi, toza qorni yuzlariga surkadi, jindak yedi. Ancha shamollab va yengillab kirgan vaqtida, mingboshi dasturxon yonida ag‘anab uchib qolgan edi. Uni qo‘zg‘atib o‘tirmasdan dasturxonni sekingina yig‘ishtirib oldi-da, bir chekkaga bir yostiqni tashladi, ustiga bir to‘shakchani yopindi, fonarni pastlatdi, shu bilan uyquga yotdi. Orada qancha uxlagandir, o‘zi ham bilmaydi, besaranjom bir qichqirish bilan uyg‘ondi: – Suv! Suv! – deb qichqirardi mingboshi. Zebi uyqusirab kelib, yana fonarni balandlatdi. Ungacha mingboshining qo‘rqinch ovozi yana ko‘tarila tushdi: – Sintalaqdi qizi, suv deyman! Suv! Yuragim kuyib ketdi… Yonib ketdi!… Suv! Suv!!! Zebi shoshib qoldi, tez borib choynakdagi tabarruk suvni qo‘liga oldi va – hech narsa o‘ylashga fursat yo‘q – darhol mingboshiga uzatdi… Mingboshi choynakdagi suvni bir shimirishda tamom qildi. Zebi endi uning tinchib uyquga ketishini kutardi. Yoniga yumshoq bolishlardan ikkitasini qo‘ydi, ustiga kichkinagina bir to‘shakni yopdi. Mingboshi ham tinchib qolganday bo‘ldi. Zebining kipriklari endi bir-biriga tekkanda, mingboshi birdaniga dahshatli bir un chiqardi. O‘rnidan turib kamarlarini, to‘nlarini apil-tapil yechishga boshladi. Zebi butun bu harakatlarni boyagi singari mastlik asarlari deb o‘yladi. Uning kamar va to‘nlarini bir-bir olib, qoziqqa ildi, ikkalasi uchun solingan joyni tuzatdi – erini sekingina olib borib yotqizmoqchi bo‘lardi… Mingboshining ko‘zlari chanog‘idan chiqib keta boshladi. U endi ko‘ylaklarini yirtib ko‘ksini, tomoqlarini tintalay boshladi… Bor kuchi bilan zo‘r berib nafas olishga tirishardi. So‘ngra buzuq ovoz bilan zo‘rg‘a-zo‘rg‘a: – Bo‘g‘ma, bo‘g‘ma meni… – deb qichqirdi. Bir-ikkita qadam bosib devordagi javonga suyandi, bir nafas tinch qolgach, yana bo‘g‘ziga qo‘l uzatib etlarini cho‘zdi. Ko‘ksiga mushtladi. Undan keyin bir qo‘lini yuqori ko‘tarib boshiga qo‘ydi. Ko‘zida ikki-uch tomchi yirik-yirik yosh ko‘ringan edi. G‘alati, yuvosh, muloyim, beozor va ayanch nazar bilan Zebiga qaradi va ikkala qo‘lini qo‘yib yuborib, boshini bir tomonga shilq etib tashladi-da, o‘zi ham devorga suykana-suykana sekingina yerga o‘tirdi, bir nafas o‘tirgandan keyin bir tarafga qiyshayib, ohistagina yonchasiga yiqildi va shu bo‘yicha qimirlamay qoldi… Nafasi ichiga tushgani holda devorga orqasini berib butun bu fojiani kuzatayotgan Zebi bo‘lgan ishni angladimi, yo‘qmi – har holda, qish kunida yugurganicha ko‘ylakchan tashqariga chiqdi va ixtiyorsiz faryod soldi. Kundoshlari ham birin-birin uyg‘onib chiqdilar va mingboshining keng ichkarisida azonga yaqin to‘rt xotinning azani bildirgan yig‘i ovozi ko‘tarildi. Ular orasida o‘q otib mo‘ljaliga tegizolmagan Poshshaxon ham boridi. Kim biladi, mingboshining o‘limiga yig‘laydimi u juvon, yo – Miryoqubning bevafoligiga, yo bo‘lmasa – hayf ketgan kuchalaga… Kecha va kunduz — 19-bob Kundoshlik orqasida yuz bergan bu jinoyat zamonning nozikligi orqasida olovga tashlangan jizzadek bo‘ldi. Kichkinagina uyezd shahrining kichkina va tor miyali amaldorlari – hammasi askardan yetishgan «azamatlar» – kelishmagan bir tasodifning to‘rt chaqaga arzimagan bu qurbonini zamonning zo‘r qahramoni darajasiga ko‘tarib yubordilar. Shu bilan ular yangi fath etilgan o‘lkada va yangigina bo‘yinsungan «vahshiy» xalq orasida juda yaxshi va ziyrak siyosat yurgizib, o‘sha xalq orasidan shunday eslik va tadbirlik, toj-u taxtga nisbatan shunday sodiq va astoyil ma’mur yetishdirganliklarini o‘zlaridan yuqori amaldorlarga ko‘rsatmoq istardilar. Bularning shuncha yillar zo‘r berib zo‘rg‘a-zo‘rg‘a yetishtirgan ziyrak davlat odamlarini munaqa osongina (kuchala bilan!) o‘ldirib keta bersalar, o‘lkada tutilgan siyosatning va ham u siyosatni amalga oshiruvchilarning bir chaqalik obro‘si qoladimi? Ayniqsa, yerli xalq o‘rtasida? Siyosatning obro‘sizligi nima demak? Idora usulining obro‘sizligi emasmi? Hindistonga qo‘shni va darvoza bo‘lgan bir mustamlakadagi siyosatga to‘kis-tugal obro‘ ta’min etilgan bo‘lishi kerak. Yo‘qsa – natija yomon! Qo‘rqinch!!! Mana shu vahima va tashvishlar bilan liq to‘lib Toshkentga tomon qanot qoqqan depeshalar (rasmiy telegrammalar) voqeaning uchinchi kunida Toshkentdan O‘lka harbiy sudining sayyor hay’atini uchirib keldi. So‘roqning o‘zi esa sudning yetib kelishidan ham tez o‘tdi. «Munday shoshilish sud urush maydonlarida bo‘lmasa, boshqa joyda bo‘lishiga aqlim yetmaydi!» deb piching qilib gapirdi tilmoch… Bu odam eskidan beri sudlarda ishlab kelib, muttahamlikka guvohnoma olgan qadrdon tulkilardan emas, negadir, chetdan, xolis kishilar orasidan chaqirilgan edi. Uni shahar odamlari, ayniqsa, yerli xalq kam taniydi. Nihoyati pochtada ishlovchi (o‘zi yerli xalqdan yetishib qolgan!) pastroq bir ma’mur… Ammo zakunchi… Zakunchi – boshqa odam! Bu odam, yo‘q, bu zot – Turkiston o‘lkasining qaysi bir olis joyida (Zakaspiyda emasmikan?) davlat xazinasining ko‘pgina pulini yeb qo‘ygan askariy bir to‘ra. Agar haqiqiy qonunlarga amal qilinganda, uni yo otish, yo umrlik surgun qilish kerak edi. Faqat, u o‘zi juda issiq mamlakatda yashasa ham, boshida qalin-qalin soyabonlari bor ekan. Ular o‘z kishilarini butunlay kuydirib tashlashga yo‘l qo‘ymaganlar. Ularning soyalarida bu zot askariy rutbalaridangina ajrab, kissasi ko‘p ham qoqlanmasdan, o‘lkaning u chekasidan bu chekasiga «surgun» bo‘lib (o‘z istagi bilan «surgun» bo‘lib!) kelgan va munda… xususiy zakunchilik kasbiga kirishgan. Davlatni aldab o‘rinlatgan kishi boshqalarni aldab o‘rinlatolmaydimi? Tajriba – zo‘r davlat o‘zi! Bu odamning cho‘pqatlari juda ko‘p! O‘z-o‘zini hurmatlay bilgan hech bir zakunchi tomonidan olinmayturgan hamma «gumonlik ishlar»ni shu kishi oladi va, ko‘pincha, yutib chiqadi. Xullas, mustamlaka o‘lkasining nodon yerlilari orasida uyezd miqyosiga yarasha ish ko‘radigan kichkinagina bir Plevako. Mahalliy tergovchining «tergov protokoli» bilan harbiy sud prokurorining ayblash qog‘ozi zakunchining qo‘liga topshirilgan vaqtda, u boshqa katta bir ishni olish to‘g‘risida o‘ziga o‘xshagan bir kishi bilan gaplashib o‘tirgan edi. Kim ekan u – «o‘ziga o‘xshagan» kishi? Shaharda bo‘lsin, uyezdda bo‘lsin, uni tanimagan odam yo‘q, o‘zi yerlilardan. Yerli xalq uni «Obrezqora» deb ataydi. O‘rta bo‘yli, qop-qora tanli, arvoq, qotma bir kishi… Bu zakunchi ruslardan chiqqan «advokat» bo‘lsa, Obrezqora – yerli xalqlardan chiqqan «advokat»… Qaysi bir sud majlisida «yolg‘on guvoh»ga hojat ko‘rilsa – Obrezqora tayyor. Uning bu xislati ham hammaga otning qashqasiday ma’lum. Katta-katta qozilar, boylar, obro‘ylik odamlar shu Obrezqora bilan olishib… yer bilan yakson bo‘lishgan! Muni ham hamma biladi. Shu uchun undan hamma qo‘rqadi… «Bu Obrezqora bosma qilishdan ham toymaydi!» deb gapirishadi shahar odamlari. Shunday aziz bir cho‘pqat «xizmat haqi» besh ming so‘mlarga yetib boradigan bir «ish» topib kelib, shu to‘g‘rida qaymoqlashib o‘tirganda, allaqanday harbiy sudning befoyda ishiga vaqt sarf qilish zakunchiga ancha og‘ir keldi. Kelgan qog‘ozlarga ustidangina bir ko‘z yugurtib oldi-da, bir chekkaga tashlab qo‘ydi. Ular o‘z mundarijalarida zikr etilgan shaxslar singari to so‘roq kunigacha – yo‘qlanmasdan va esga olinmasdan – tashlandiq holda qolib ketdilar. So‘roq kunigacha zakunchi ularni xotirlab qo‘yishga ham fursat topolmadi. Kichkina shaharning kichkina Plevakosida ikkitagina qog‘ozni ko‘rib chiqishga fursat topilmaydimi? Vokzal qarshisidagi ko‘chada bir salqin takya bor, uni ertadan kechgacha shunda o‘tirib Obrezqora bilan qimor o‘ynaydi deydilar. Demak, fursati emas, hafsalasi bo‘lmagan. Arziydigan ish bo‘lsa, hafsala ham topilardiku-ya!.. So‘roq kuni erta bilan haligi ikki «yetimchani» topib oldi va nonushta chog‘ida allanechuk bir ixlossizlik bilan tezgina ko‘rib chiqdi. Bu ish shu qadar tez bajarildiki, nonushta dasturxoniga zakunchi kelib o‘tirmasdan burunroq quyilgan bir stakan choy ikkala qog‘oz o‘qib chiqilgandan keyin ham sovunib yetmagan edi, shu uchun uning sovunishini yana bir oz kutishga to‘g‘ri keldi. Ikkala qog‘ozning mazmuni ham zakunchiga xuddi go‘daklar falsafasidek tuyuldi. Qog‘ozlarni o‘qib turib hamda ularni o‘qib bo‘lganidan keyin advokatning cho‘ziq yuzlariga bir kulgi yoyildi, uning moshbirinch mo‘ylovlarini ikki tomonga kerib yuborgan bu kulishda, chinakam, otaning boladan kulganiga o‘xshagan bir narsa boridi… Ammo protokolga sovuq qarashda faqat zakunchinigina ayblash mumkin. Yozuv mashinasi bo‘lmagan tergovchi mahkamasining mirzasi bechora protokolni juda zo‘r diqqat va hafsala bilan ko‘chirgan. Ori rost, yerli xalqning nomlarini yozishda u ham chalasavod bolalarning ishini qiladi, ya’ni «Akbarali» degan so‘zni bir joyda «Umarali», yana bir joyda «Amir o‘g‘li», yana bir joyda «Qambar vali» deb yuboradi… Zotan, buning nima ahamiyati ham bor? Til kelmagan narsaga qalam qanday kelsin? «Akbar» bo‘ldi nima, «Qambar» bo‘ldi nima – bari bir emasmi? Bir sartning nomi! Insof qilish kerak: protokol nihoyatda chiroylik xat bilan yozilgan. Qog‘oz betida xuddi poyezdning izlariday tep-tekis ketadi. Hammadan ham «d» va «b» harflarini ko‘ring! Hayron qolasiz! Qayerda «b» uchrasa, quyrug‘i o‘ngga qayrilgan. Ikkovining ham quyrug‘i balandda, ikkovining ham quyrug‘i kulcha bo‘lgan ilonday buralib-buralib yotadi! Protokol emas, tomosha! Tomosha!.. Unda mana bu narsalar bor: Bo‘lib o‘tgan voqea, o‘ldirilganning kimligi, uning Rusiya davlatiga sadoqat bilan qilgan ko‘p yillik xizmatlari, idora ishlarida ko‘rsatgan ziyrakligi va ustaligi batafsil bayon qilinadi; o‘ldiruvchi ayolning kimligi esa bir necha og‘iz so‘z bilan aytib o‘tiladi. Guvohlar (mingboshining uch xotini) bir og‘izdan o‘zlarining aralashmaganliklarini so‘zlab, «Zebinisaxondan boshqa hech kim qilmaydi» deydilar. Xolis tariqasida so‘ralgan qo‘ni-qo‘shnilar bunday dedilar: «Mingboshining boshqa xotinlari ko‘nib qolgan edilar; Zebinisaxon bo‘lsa anchagacha mingboshini xafa qilib, xotin bo‘lgisi kelmay, o‘zini kasallikka solib yurdi. So‘ng vaqtlarda mingboshi bilan umr qilishga ko‘ngandek bo‘lib edi; bir necha kun yaxshigina yashadilar. Bu keyingi yumshoq muomalalar, bizning fikrimizcha, ko‘z bo‘yash uchun qilingan bo‘lsa kerak. Endi bilsak, qiz o‘lgurning g‘arazi boshqa ekan». Mingboshining ikkinchi xotini Poshshaxon o‘sha voqeadan bir kun burun shamol oldirib qo‘yib, notob yotgan ekan: tergovni uning yotgan yerida o‘tkazishga majburiyat ko‘rilgan. Aybdorning o‘ziga berilgan savollar va uning javoblari shunday zo‘r protokolda hammadan oz joy oladi. Shu qadar ozki, mirzaning qalam uchini siyohga botirib o‘tirishiga arzimaydi. Tergovchi bechora shunga ham umr sarf qilgan-da, sho‘rlik! Bor-yo‘g‘i ikkita savol, ikkita javob. Savollar kalta-kalta, javob undan ham kalta: – Mingboshiga suvni kim berdi? – Men berdim. – Demak, mingboshini o‘ldirgan – siz? – Yo‘q… «Ayblash qog‘ozi» esa protokoldan bir yutim, ya’ni shu qadar kalta! Unda protokoldagi ma’lumotning xulosasi: mingboshining ziyrakligi va tadbirliligiga oid kalta-kalta, lekin kuchlik va haybatlik iboralar. So‘ngra talab: «Falonchi falon modda bilan falon jazoga mustahiqdir». Xullas: qon hidi!.. Sud majlisiga yarim soat qolganda, zakunchi keldi. Sud bo‘ladigan binoning boqchasida tikka turib aybdor bilan gaplashdi. Bu gaplashuv ham kaltagina savol-javobdan iborat bo‘ldi. Bu daf’a savollarning adadi ikkidan beshga chiqdi: – Mingboshiga suvni kim berdi? – Men berdim. – Suv choynakda ekan, choynak kimniki edi? – Meniki edi. – Ichida qanday suv borligini bilarmidingiz? – Bilardim. – Choynakdagi suv zaharlik ekan, demak, eringizga zaharni siz bergansiz?! – Choynakda zahar borligini bilmadim. Erimni men o‘ldirganim yo‘q… Zakunchi yelkasini qoqib yiroqlashdi. Voqeaning yuz berganiga bir necha kungina bo‘ldi. Bu to‘g‘ridagi dovruq hali shaharga eshitilgani yo‘q. Bitta-yarimta shahar odamlari eshitgan bo‘lsalar ham, Zebining ota-onasi bu gaplardan bexabar bo‘lsalar kerak. Ular hali qizlariga mingboshi dodxodan avlod tilab eshonboboning tabarruk nafaslaridan yana tabarruk suv hozirlab qo‘yganlardir… Jumani o‘tkazib cholning o‘zi bir borib ham kelar… Umid kattadir! Basharti ular bilgan bo‘lsalar ham, zakunchi solish yoki biror joyga arz qilib bosh urishni na chol biladi va na kampir! Gapning kaltasi, ular «o‘rus mahkamalariga borib bir narsa chiqarolmaydilar». Juda chidamay ketsa, Razzoq so‘fi to‘ppa-to‘g‘ri eshonboboning yonlariga boradi: o‘zini ko‘tarib urib yig‘laydi… Shu! Zebi bo‘lsa o‘sha zaharlanish hodisasidan beri doim karaxt bir holda bo‘linardi: uning miyasi birdan falajga yo‘liqqan kabi edi. U butun bu so‘roq, tergov, konvoy, sud va zakunchilarga ajib bir loqaydlik bilan – xuddi jonsiz odamday qarar, nimalar deyishni, o‘zini nechik mudofaa qilishni, nima deb gap qaytarishni o‘ylamasidi. Uning miyasida, miyasining ham allaqaysi olis bir burchida xira va tumanli bir fikr bor, u fikr shuncha olisda va xiraki, uning nimaligini anglayolmaydi bechora… Miyasini tugumlab juda zo‘r bergan vaqtda u tumanli fikr mana bu kepataga kirganday bo‘ladi: «Men o‘ldirganim yo‘q… Bu aniq… Meni qo‘yib yuboradilar… Yana o‘sha yerga qaytamanmi?.. Nima keragi bor… Oyim-chi? Oyimning yoniga qaytaman… Erim o‘lib qoldi, deyman… Yig‘layman…» Sud majlisi bo‘ladigan keng zalda shamollar uchib o‘ynardi. Qator-qator chizilgan vena kursilari haftalik uyqularidan hali ham uyg‘onmagan edilar. Eng oldingi qatorda hokim, noyib, garnizon boshlig‘i, politsiya boshlig‘i, pop, uchinchi qatordagi eng chekka kursida oppoq va zo‘r sallali chol – jome’ machitining ingichka ovozli imomi o‘tirardi. Bir tomonda – zakunchi, bir tomonda – tilmoch, boshqa hech kim yo‘q. Zebi ikki konvoyning yalang‘och qilichi o‘rtasida zalga kirib keldi: ustida qora barqut paranji, qora chimmat, oyog‘ida qora amirkon mahsi-kavush bilan sud qarshisiga kelib to‘xtadi. Bu omonsiz suddan va bu yaltiragan yalang‘och qilichlardan ko‘ra uning o‘sha qora qiyofasi qo‘rqinch edi: o‘rta asrlardagi Ispaniya inkvizitsiya mahkamalarining qora aboli va sirli kardinallariga o‘xshardi… Pop qaradi: boshini chayqadi; domla qaradi: «astag‘furullo» o‘qib soqolini silkitdi. Sud raisi, nihoyat, tilmochga yuzlandi: – Aytingiz, aybdor yuzini ochsin. Tilmoch bu buyruqni Zebiga tushuntirib berdi. – Voy, o‘laqolay! Shuncha nomahramning oldida yuzimni ochamanmi? Undan ko‘ra o‘lganim yaxshi emasmi? Bu so‘z tarjima qilib berilgach, pastdagilarning hammasi deyarlik, sud hay’atidan bir necha kishi yengilgina kulib oldilar. Ulardan ikki kishi ayrildi: birinchisi – nihoyatda semiz va yo‘g‘on gavdali garnizon boshlig‘i, bu odam tovuqning qaqalashiga yaqin bir un bilan ovozi boricha va birdaniga qahqaha soldi. Hamma unga tomon evrildi. Sud raisi jing‘iroq chaldi. Garnizon boshlig‘i yonidan ro‘molchasini olib, yuz-ko‘zini arta boshladi… Ikkinchisi – imom-domla: bu kishi o‘zlarining ingichka – hushtak singari ovozlari bilan, ixtiyorsiz «masha-ollo!..» deb yubordilar. Hamma u kishiga tomon evrilgach, qip-qizarib va ham… qo‘rqib boshlarini quyi soldilar. – Siz bu ayolga tushuntirib aytingiz: yuzini ochmasa bo‘lmaydi. Sudning qoidasi shu. Paranji ostida aybdordan boshqa kishining hozir bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun biz uning yuzini ochdirishga majburmiz. Aytingiz, qarshilikdan foyda yo‘q! Zebi xuddi o‘yinda sherigiga achchiq qilgan boladay teskari burilib oldi. U indamay turganligidan, sud raisi yana so‘z oldi. – Yaxshilab tushuntiringiz, yuzini ochmasa, sud majlisini olib borolmayman. – Olib bormasa mayliga… – dedi Zebi. – Bilganini qilsin! Tilmoch o‘zi kulib, qip-qizarib turib tarjima qildi. Sud raisi ovozini ko‘tara tushdi: – Harbiy sud masxarami bu kishiga? Aytingiz, yaxshilik bilan ochsinlar. Bo‘lmasa, kuch bilan ochdiramiz! – Voy, sho‘rim! Shuncha erkak o‘tirsa-ya! O‘lganim ming marta yaxshiroq! So‘ngra ovozini pasaytiribroq tirkadi: – Otamning piriday kap-katta sallalik domla o‘tiribdilar. Qanday yuzim bilan qarayman?.. Sud raisi endi bu safar muloyim gapirdi: – Aytingiz, sud tomonga qarab, domlaga orqasini o‘girib tursin! Zebi yana indamadi. Domla o‘tirgan joyidan bir oz ko‘tarila tushib: – Hechqisi yo‘q, qizim! – dedi. – Men qaramayman! – Mana bular-chi? – dedi Zebi. Sud hay’atini ko‘rsatdi. Endi bu safar domla o‘rnidan turib tilmochga yuzlandi: – Eshoni mirza! Menga ijozat berilsa, shu ayolga ikki og‘iz nasihat qilsam. – Marhamat, taqsir! Domla Zebining yoniga borib nasihatga boshladi. Zebi borgan sari susayib bo‘lsa-da, domlaning har bir so‘ziga javob qaytarardi. Oxirda domla o‘z dindoshlari o‘rtasida mashhur bo‘lgan bir e’tiqod masalasini ochdi: – Kofir bilan itning farqi yo‘q. Itdan qochmaysizmi? Shunday bo‘lsa, kofirdan ham qochmasangiz bo‘ladi. Bu joiz! Domla shunday joyda bu xil gaplarni gapirishdan juda qo‘rqardi. Shu uchun boshda boshqa so‘zlar bilan Zebiga ta’sir qilishga urindi. U urinishlardan tezroq bir natija chiqmagandan keyin majlis ahlini mahtal qilib qo‘ymaslik uchun bu masalani ochishga majbur bo‘ldi. Majbur! Shu uchun so‘nggi so‘zlarni juda past ovoz bilan aytgan edi. Zebi unadi: – Bo‘lmasa, siz o‘zingiz nariroqqa borib o‘tiring! – Xo‘p, qizim, xo‘p, – dedi domla. To‘rt-besh qator orqaga borib o‘tirdi. Hammaning ko‘zi domlada ekan, Zebi chimmatini yuzidan oldi va sudga tomon evrilgani holda bir qo‘lini yana yuziga parda qildi. – Mana, qilaqol so‘rog‘ingni! Hozir bo‘lganlar o‘rtasida «bu sodda musulmon qizini uyaltirmaslik uchun» ko‘zini boshqa tomonga burib o‘tirganlar bilan birga, ikki ko‘zini undan uzmagan va allanimalar deb o‘zicha so‘zlanib, lablarini tez-tez qimirlatganlar ham bor edi… Aybdorning kimligi surishtirilgach, sud kotibi darhol o‘rnidan turib aybnomani o‘qidi. Undan keyin yana kalta savol-javoblar ketdi. Bu daf‘a ularning adadi orta tushdi: – Aybnomani eshitdingizmi? – Ha… – Mingboshi suvni o‘zi so‘radimi? – Ha, o‘zi so‘radi… – Mastmidi? – Ko‘p aroq ichib edi. – Suvni kim berdi? – Men berdim. – Choynakdamidi? – Ha… – Mana bu choynakmi? – Ha… – Kimning choynagi bu? – Meniki. – Siznikimi? – Ha, meniki. – Ichida qanday suv borligini bilarmidingiz? – Bilardim. – Qanaqa suvidi? – Irim suvidi. – Kimga qilingan irim? – Menga… – Nima uchun irim qildirardingiz? – Farzand bo‘lsin deb… Pastda o‘tirganlarning domladan boshqalari, so‘ngra sud hay’atidan bir-ikki kishi, zakunchi va tilmoch yengilgina kulib qo‘ydilar. – Nega u suvni mingboshiga berdingiz? – Juda tashna bo‘lib so‘ragan edi, shundoqqina tokchadan olib uzatdim. – Choynakda zahar borligini bilarmidingiz? Zebi kuldi. – Qiziq ekansan («o‘rusni sizlab bo‘lmaydi»), men qayerdan bilay? – Demak, eringizni o‘zingiz o‘ldirdingiz? Zebi qattiqroq va cho‘zibroq javob berdi: – Yo‘-o‘-q!.. O‘libmanmi o‘z erimni o‘ldirib. Uning bu so‘nggi javobida har qanday qiz bolaning o‘z o‘rtog‘iga o‘zini oqlab gapiradigan sodda gapidagi gunohsiz ohang boridi: «Voy, o‘laqoling! Men shunaqa dermidim?» Zebi sud raisining bola emasligini qaydan bilsin? Shu yerda o‘tirgan shuncha erkakning oyday ravshan bir narsani anglayolmasliklarini qaydan bilsin? «O‘rus-u musulmon bo‘lib shuncha odam o‘tiribdi, axir. Mingboshini o‘ldirgan Zebi emasligini hammasi biladi. Bilib turib yana qaytovlab so‘ray bergani qiziq! Yo o‘smoqchilab so‘rarmikin?» Sud raisi gapirmoqchi bo‘lib o‘rnidan turgan vaqtda Zebi: «Ana, so‘roq tamom bo‘ldi. Endi uyimni qanday qilib topib boraman?» – deb o‘yladi. – O‘tiring, – dedi sud raisi Zebiga. Sekingina va ehtiyot bilangina o‘tirdi. Sud raisi so‘z oldi: – Voqea shu qadar ochiq, masala shu qadar ravshanki, meningcha, majlisni davom ettirishga ham hojat yo‘q. Aybdor o‘zi har bir savolga bergan javobi bilan jinoyatini iqror qildi. Shunday bo‘lgach, biz hukm chiqarish uchun ichkariga kira bersak, deyman. Sud majlisida faqat aybdorga berilgan savollar, so‘ngra tergov protokoli bilan hukmnomaning eng kerak joylari tarjima qilinar, boshqa so‘zlar o‘ruscha ketardi. Shu uchun til bilmagan Zebi o‘tirgan joyida gapirgan to‘ralarning yuz harakatlarini tomosha qila boshladi. Sud raisi prokurorga qaradi: – Siz nima deysiz, zoti muhtaram? Prokuror o‘rnidan turib, ikki qo‘lini stolga qo‘ydi-da, yarim engashib turib dedi: – Men bu taklifga qarshi emasman. Albatta, mening bu masalada boshqa mulohazalarim bor. Men urush vaqtining nozik paytlarida bo‘lgan bu o‘ldirishga oddiy o‘ldirish kabi qarayolmayman. O‘ldirilgan odam Rusiya davlatiga va podshoga sadoqati bilan tanilgan odam edi. Uni «yosh sart» maxfiylari, ayniqsa, ularning dushmanimiz bo‘lgan Turkiya bilan fikran bog‘lanishgan unsurlari yomon ko‘rardilar. Men bu «sodda» va «gunohsiz» sart ayolning shunday unsurlar qo‘lida o‘yinchoq bo‘lmaganidan amin emasman… Biz sart xalqiga allanechuk beparvolik bilan qarab o‘rganganmiz: «Qo‘yday yuvosh ular!» – deymiz. Albatta, ularning mamlakatlarini qon to‘kib olgan fotihlar sifatida bu qarashimiz bir nav to‘g‘ri ham bo‘la biladi. Faqat bizga endi bu noto‘g‘ri qarashni tashlash kerak! Turkiyadagi 1908-yil inqilobi, o‘zimizdagi shumli beshinchi yil to‘poloni, Erondagi so‘nggi mashrutiyat harakatlari sartlarning ko‘zini ochayotir… Zohirda rus madaniyatiga yopishib kelgan yevropa qiyofali jadidlar, aksari, kular yuzli yosh savdogarlardan iborat bo‘lgan «yosh sart» kadrlari imperiyaga qarshi tish qayrashda Turkiya ittihodchilaridan qolishmaylar… Durust, sart xalqining ko‘pchiligi muazzam davlatimizga, sevimli podshohimizga sodiq… Eslik, tajriba ko‘rgan katta savdogarlar, qishloqning obro‘yli boylari, ayniqsa, ulamo toifasi «yosh sart»larning nufuzini qirqish uchun zo‘r bermoqdalar, bularni bilaman. Lekin haddan tashqari ehtiyot bilan, sergaklik bilan ish olib bormasak, bir kun emas bir kun haligi ko‘pchilikning «yosh sartlar» bayrog‘i ostida bosh ko‘tarishi juda mumkin narsa. O‘zingiz bilasiz, dekabristlar xuruji chog‘ida davlat va davlatchilikka, podsho va Vatanga qarshi bo‘lgan unsurlar buyuk Pyotrning ulug‘ shahrida birgina maydonni zo‘rg‘a to‘lg‘azgan edilar; 1905-yilda o‘sha xilda bog‘ovot maydonlarining soni-sanog‘i bo‘lmadi. Holbuki, biz yaqindagina eshon to‘poloni bo‘lib o‘tgan joydan uncha olisda emasmiz… U vaqtda muhtaram muttafiqimiz Angliya biz bilan tegishgan bo‘lsa, endi dushmanimiz Germaniya va uning qo‘g‘irchog‘i bo‘lgan Turkiya biz bilan unaqa hazillashib o‘tirmaydi. Muni bilish kerak! Kechagina bo‘lib o‘tgan tog‘ voqealari, Qumariq hodisalari nazarimizdan qochmasin, taqsirlar! Mana shu nuqtalardan qarab, men bu «soddadil», «yuvosh» va «gunohsiz» sart qiziga eng oliy jazo talab qilmoqchi bo‘laman. Modomiki, masala o‘zi bu qadar ravshan va aybdorning o‘zi o‘z og‘zi bilan iqror qilib turibdi, mayli, muzokara ochib o‘tirmasak ham bo‘ladi. Men o‘z fikrimni muhtaram sud hay’atiga arz qilib, masalaning bu tomoniga ham diqqat qilinmog‘ini so‘rayman. Zakunchi sud raisining murojaatini kutmasdanoq o‘rnidan turgan edi: – Men ham so‘z aytishdan voz kechaman! – dedi u, yana darhol joyiga o‘tirdi. Sud hay’ati o‘rnidan turib ichkariga chekildi. «Ana, – deb o‘yladi Zebi, – o‘zim aytgan. Hamma gap oyday ravshan… Endi uyimni topib ketalarmikinman?» Chorak soat o‘tmasdan hukmnomani eshitdirdilar. Unda bu ishning asosan siyosiy bir rangdan xoli emasligi iqror qilinmoq bilan birga, bu so‘roqqa to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqasi bo‘lmaganligi, ishning u jihatini alohida tekshirib, lozim ko‘rilgani taqdirda qaytadan ish qo‘zg‘atmoq tegishli mahkamalarning vazifasi ekanligi, endi bu o‘ldirish hodisasi to‘g‘risiga kelganda, masalaning juda aniq anglashilganligi, aybdorning o‘zi tomonidan necha martalar iqror qilingani, shu uchun guvoh jalbiga va muzokaraga luzum ko‘rilmaganligi aytiladi. Undan keyin: «Aybdorning qilgan gunohi og‘ir bo‘lib, hozirgi urush vaqtida va nozik sharoitlar ichida davlat odamiga qasd qilgani uchun falon, falon moddalar bo‘yicha oliy jazoga hukm qilish kerak bo‘lsa-da, bovujud O‘lka harbiy sudining sayyor hay’ati aybdorning madaniyatsiz yerli xalq ayoli ekanini, o‘zining yosh va turmushda tajribasizligini va ham hamma gunohlarini nomus bilan iqror qilib bo‘yniga olganini nazarda tutib, falon, falon moddalar bo‘yicha yetti yil surgunga hukm qildi. Bu hukm ustidan tegishli joylarga shikoyat qilish mumkin», – deyiladi. Tilmoch hukmnomani to‘rt og‘izgina qilib eshitdirdi: – Aybdor Zebinisa Razzoq so‘fi qizi, Harbiy sudning hukmi bilan yetti yil Sibir qilindingiz. Norozi bo‘lib ariza bersangiz mumkin. Hukmnoma o‘qilib bitar-bitmas, zaldagilar chiqa boshlagan edilar. O‘qilib tamom bo‘lgach, sud raisining ishorati bilan qilich yalang‘ochlagan konvoylar yana boyagi taxlitda Zebini olib chiqib ketishdi. Shundan keyin sud hay’ati ham chiqib ketdi. Zalda faqat tilmoch, zakunchi, undan keyin nima uchun o‘zining bu yerga chaqirilganini bilmagan imom domla qolgan edi. Tilmoch domla-imomning yoniga keldi: – Taqsir! Siz jindak sabr qiling. Men hozir kelaman, undan keyin gaplashamiz. Domla yuragini qo‘liga olib, rangi o‘chgan, lablari bir oz qaltiragani holda… sud zalida qoldi. Zakunchi tilmochni olib tashqariga – Zebining yoniga chiqdi, Zebi chimmat ostida ho‘ngur-ho‘ngur yig‘lamoqda edi. Zakunchi so‘radi: – Nima deysiz? Ariza yozib beraymi? Zebi xo‘rsingan ovoz bilan yig‘lab turib, uzuk-uzuk javob qildi: – Kimga? – Yuqoriga. – Unda… nima bo‘ladi? – Nima bo‘laridi, ehtimol, yana so‘roq bo‘ladi, ishni qaytadan ko‘radilar. – Kim… ko‘radi? Shular… ko‘radimi? – Boshqa sud ko‘radi. – Bari bir… op-ochiq turgan narsani… bular tushunmaydi-yu, ular tushunarmidi? – Ariza bermaymi? – Qo‘yaqol!.. Men uchun… ovora bo‘lib o‘tirma… Zakunchi kulumsirab tilmochga qaradi, u yelkasini qoqdi. Zakunchi boqcha darvozasidan chiqib ketmak uchun o‘sha tomonga qarab yurdi. – Hay, shoshma, – dedi Zebi. – Shaharda… Shaharda… ota-onam… bor… ko‘rsatarmikin? – Avaqtaga olib borgandan keyin ko‘rsatadi. Zakunchi darvozaga qarab ketdi. Tilmoch u bilan xayrlashgach, yana domlaning yoniga kirdi. – Eshoni mirza, – dedi domla-imom uni besaranjomlik bilan qarshi olib, – meni nimaga chaqirgan ekanlar? Tilmoch kuldi: – Sizni, taqsir, sud sadri chaqirtirgan edi. Basharti qasam berish lozim bo‘lib qolsa, musulmon shariatiga muvofiq qasam berish uchun. – Qasam bermadilar-ku? – Lozim bo‘lmadi, taqsir. Ayol o‘zi iqror… Domla anglayolmadi, shekilli, mirzaning so‘nggi so‘zini savol shaklida qaytardi: – O‘zi iqror?! Tilmoch yana kuldi: – Ha, o‘zi iqror… Eshitmadingizmi? – O‘zi iqror emas, inkor qildi shekilli-ku? – Damingizni chiqarmang, taqsir. Bu nozik masala… – Ha, albatta, albatta… – Endi, taqsir, sud raisining sizdan iltimosi bor: o‘zingiz eshitdingiz, bu ayol Razzoq so‘fi degan odamning qizi, o‘z eriga zahar bergan. Eri xizmati singgan mingboshilardan ekan. Prokuror otib o‘ldirilsin degan edi, sud qabul qilmasdan yetti yilga Sibirga kesdi. Ertaga jumadan keyin machitda ikki og‘iz gapirib qo‘ysangiz, dedilar. – Nima to‘g‘rida, mirza? – Ya’ni oqpodshoning sodiq odamlariga kim qo‘l ko‘tarsa, oqibati mana shunday bo‘ladi degan mazmunda… – Xo‘p, eshoni mirza, xo‘p. Albatta, aytaman, albatta. Endi menga ruxsatmikin? Domlaning bu savolida xuddi gunoh qilgan odamning ochiq bezovtaligi sezilardi: «Meni qamamasmikin?» deganday… Tilmoch muni payqadi, shekilli, quruq va sovuq javob berdi: – Bora bering. Domla maktabidan «ozod» bo‘lgan eski maktab bolalari singari o‘zini eshikka urdi va o‘sha onda ko‘zdan yo‘q bo‘ldi. Tilmoch kuldi: «Imon yo‘q taqsirimda», – dedi o‘z-o‘ziga. So‘ngra bitta-bitta qadam bosib eshikka tomon borarkan, aylanib orqasiga qaradi: keng zal bo‘m-bo‘sh, xuddi yetimchadek ko‘rinadi. Suddan so‘ng u yoq-bu yoqda tartibsiz qolib ketgan kursilar bozorchilarning karvonsaroyga bog‘lagan otlari singari bir-birlariga teskari evrilganlar… Ko‘k yopiqli uzun stol ustida sud a’zolaridan birining ko‘zoynak qutichasi qolib ketgan, zal o‘rtasidagi og‘zi ochiq pechdan o‘tinning charsillab yongani eshitiladi. Tilmoch yana oldinga yurdi va boshini chaypay-chaypay: – Bezobraziye, bezobraziye! 10 – deb so‘zlandi. Kecha va kunduz — 20-bob Juma namozidan so‘ng tashqaridagi jamoat duv eta o‘rnidan turdi va fotihani kutmasdan o‘z ishiga ketdi. Ayvondagilar ham ularga qo‘shildilar. Unda-munda yakka-yarim kishilarning bo‘yinlarini quyi egib fotihani kutganliklari ko‘rilardi. Namoz duosi, undan so‘ng «duoyi xolis» o‘tkach, ayvon bilan tashqari tomon bo‘shadi, xonaqo ichidan ham yo‘tala-yo‘tala bir qancha kishi chiqib keldi. Ular ham chiqib bitgach, imom turib so‘z boshladi. Umuman, jamoat oldida gapirishni sevmaydigan, o‘zining imomlik vazifasiga ham juda rasmiy ravishda qaraydigan; uyidan jome’ga kelib, jome’dan uyiga qaytguncha faqat salom-alaykdan boshqaga og‘iz ochmaydigan, onda-sonda yangi kelinchakday muloyim va yumshoq yo‘talib qo‘yadigan ingichka ovozli domla-imom bir necha og‘iz so‘z qilib, sud raisining iltimosini rasman o‘rniga qo‘ydi va qaytib joyiga o‘tirdi. Shundan keyin xonaqodagilar asta-asta chiqa boshladilar. Hamma chiqib bo‘lgandan so‘ng, bir-ikki marta ingichka yo‘talib domla ham o‘rnidan turdi va eshikka tomon yurdi. Xonaqo ichi yarim qorong‘i edi. Eshik oldida qorong‘ilikdan birdaniga bir ovoz keldi: – Taxsir, arzim bor edi… So‘ylovchisi qorong‘ida qolib ko‘zga ko‘rinmaganligi uchun domla bu kutilmagan sharpadan cho‘chib tushdi: – Astag‘furullo! – dedi domla shoshilib va orqasiga tisarilib qo‘lini ko‘ksiga olib bordi. Qorong‘idagi odam yoriqqa chiqib kelib so‘zida davom qildi: – Kechiring, taqsir. Akbarali mingboshini qaysi xotini o‘ldiribdi? – Qanaqa odamsiz? Avval bir yo‘talib sharpa qilsangiz bo‘lmaydimi? Hayvon ekansiz-ku! – Kechiring, taqsir, bilmabman. – Bilmabman… Qachongacha bilmaysizlar, axir? – Kechiring, taqsir, ayb menda. Akbarali mingboshining to‘rtta xotini bor. Bitta xotini mening ojizam bo‘ladi. Shunga so‘rovdim, taqsir. Domla o‘zini to‘xtatdi va bitta-bitta bosib u odamning yoniga keldi, «e afting qursin!» degan ma’noda u odamga qaradi. So‘ngra dedi: – Nomini unutibman… Qora paranjisi boridi… Vallohi a’lam, otasining nomi… bir narsa so‘fi… ha, Razzoq so‘fi… Razzoq so‘fi… So‘fining nomini bir necha marta takrorlab xonaqo eshigidan chiqdi. Razzoq so‘fi esa rangi o‘chgan va qaltiragan holda eshikka suyanganicha qoldi. Nihoyat, o‘ziga kelib machitdan chiqqach, uyiga ham xabar bermasdan o‘tkinchi bir aravaga yarim so‘m berib qishloqqa jo‘nadi. U yerda Hakimjondan boshqa hech kim yo‘q edi. Hakimjon bo‘lgan voqeani anglatdi va Zebining tergovchilar va doktorlar kelgan kunning o‘zidayoq shaharga olib ketilganligini so‘zladi. Sud hukmidan Hakimjon ham bexabar edi. – Nima qilaman endi men? – deb so‘radi so‘fi. Uning ovozida ojizlik va alamzadalikdan kelgan bir qaltirash boridi. O‘lgudek ayanch qaltirash… Hakimjon so‘figa tikildi. Burungi so‘fidan, yaqindagina kelib bir hafta yotib ketgan so‘fidan asar yo‘q. Uning rangi machitning jaydari shamidek sap-sariq… go‘yo kasaldan yaqindagina bosh ko‘targan. Faqat Hakimjon sipohlikni qo‘ldan bermay og‘ir va keskin javob qildi: – Nima qilardingiz? U yer, bu yerga arz qilib ko‘ring. Bu nozik zamonda arz qilishdan biron natija chiqarmikin? Nevlay-da. Bir sudning hukmini yuqoriroq bir sud buza oladiku-ya. Zamon nozik, ish nozik: shundan qo‘rqaman! So‘fining undan keyingi so‘zi Hakimjonni butunlay shoshirib qo‘ydi: – O‘rusga ham qiyin, – dedi so‘fi.– Unday usta amaldorni endi Chin-Mochindan topib kelmasa, bu yurtlarda topilmas… Hakimjon hayron bo‘lganidan qo‘lini yoqasiga olib bordi va «so‘fi gapirayotirmi, yo boshqami?» deganday qilib yana so‘fining yuziga tikildi. Darhaqiqat, so‘fining o‘rnida uning ko‘lagasi yo arvohi singari bir narsa ko‘rinardi. Hakimjon bu daf’a so‘figa achingan bo‘lsa-da, javob berishda o‘sha sipolik yo‘sinini buzmadi: – Odam tayin bo‘lgan. Indinga kelib mansabiga o‘tiradi. – O‘rusga odam qahat emas ekan bo‘lmasa, – dedi yana so‘fi. Shundan keyingina Hakimjon so‘fining nimalar gapirayotganidan o‘zi bexabar bo‘lganini payqadi. So‘fi davom etdi: – Kim u kishi? Mana bu savol Hakimjonni yana shoshirib qo‘ydi. «Rost aytdimi bu odam yo meni maymun qilib o‘ynatadimi?» deb o‘yladi u, shu sababdan qo‘rsroq va jerkibroq javob berdi: – Siz tanimaysiz! Zunnunboy degan! Oldin noyib to‘raning xizmatida bo‘lgan kishi! – Tadbirlik ekan bo‘lmasa, – dedi yana so‘fi. Hakimjon so‘figa endi ochiq bir jirkanish bilan qaradi. So‘fi esa yig‘iga o‘xshagan bir kulimsirash bilan undan ko‘zini olmasdi. Yosh yigit chidayolmadi, shekilli, tez-tez bosib ichkari eshik oldiga borib qichqirdi: – Fazilatxon! Mehmonga dasturxon chiqaringlar! Ichkaridan javob bo‘lishini kutmasdan, haqorat ko‘rgan kishiday tappa-tappa bosib ko‘chaga chiqib ketdi. Fazilat ichkaridan bir mis tovoqda non bilan mayiz ko‘tarib chiqqanda, tashqarida na Hakimjon boridi va na so‘fi! So‘fining arz qilib boradigan birdan bir mahkamasi yana eshonboboning xonaqolari edi. Dasturxonni kutmasdan darhol yo‘lga chiqdi va yarim yo‘lni arava bilan bosib, to‘ppa-to‘g‘ri xonaqoga bordi. Eshon yo‘q edi. «To‘yga ketdi» dedilar. Kutib o‘tirdi va o‘yga toldi: «Eshonbobo nima qilsin? U kishi zakunchi edimiki, ariza bitib bersa? O‘rus tilini bilarmidiki, amaldorlar, sudlar bilan chiqishsa? Basharti, zakunchiga, amaldorga, sudga boriladigan bo‘lsa, hammasiga pul kerak, mo‘may-mo‘may pul kerak, menda unaqa pul yo‘q. Zebining orqasida endi qo‘lga pul tusharmikin deb umid qilardim, endigina kaftim qichisha boshlagan edi. Bu hodisa kaftimning qichig‘ini vaqtidan ilgari bosib qo‘ydi… Eshonbobo xotirjam, bir chaqa ham bermaydilar. U kishi, albatta, beraman desalar-ku qo‘llaridan keladi: har qanday katta zakunchining ishtahasini qondiradigan dunyolari bor. Faqat, nechoraki, u kishi berib o‘rganmaganlar, olib o‘rganganlar: «O‘rgangan ko‘ngul o‘rtansa qo‘ymas» deydi burungilar. U kishini berishga o‘rgatish qiyin! U kishi shuncha badavlat bo‘lib turib, eshikdan gadoy kirsa, qo‘liga qaraydi, «nazri yo‘qmikin?» deb. Bu xabarni qizning sho‘rlik onasiga eshitdirish kerak hali! Mening ko‘nglim tosh-metin! Faqat, sho‘rlik onaning yolg‘iz bolasiga bo‘lgan mehri shunday kuchlik narsaki, undaqa tosh-metinlarga qarshi o‘z tosh-metinini irg‘itadi, balki bir irg‘itishda parcha-parcha qilib tashlaydi!.. Yo‘q, bu kecha uyga borib bo‘lmas. Bu kechani shu yerda tunayman. Eshonbobomga arz qilib maslahat so‘rayman. Bir narsa der, axir… Unday desam, ikki kundan beri uyga qaytganim yo‘q. Uydan «jumaga boraman» deb chiqqanman. Kampir nima o‘ylaydi? Haligi shum xabar qulog‘iga kirgunday bo‘lsa, turgan joyida qotib qolmaydimi? Yo‘q, borib ko‘nglini ko‘taray… Yo‘q! Har nima bo‘lsa ham, eshonbobom kelsinlar. Bir og‘iz aytib o‘tay, nima der ekanlar». Nihoyat, eshonbobo keldilar. Kayflari chog‘, nash’alari baland, ovozlarida allaqanday bir sho‘xlik bor. «To‘yda qimiz ichganga o‘xshaydilar, – deb o‘yladi so‘fi. – Ko‘p ichsa, u ham odamni aynitarmish. Qishda qimiz nima qiladi? Hayronman… Xayr, o‘zlari biladilar». Eshon bu voqeani eshitgan edi, lekin unga o‘z muridi Razzoq so‘fining aralashganini bilmasidi. So‘fi ko‘zlarida marvarid donalariday yirik-yirik yoshlari ko‘ringani holda, bilganicha aytib berdi. Pir kulib turib (kulib turib!) eshitdi. Bu nash’alik kulish, bu kayfi chog‘lik, bu ovozdagi sho‘xlik hech nari-beri bo‘lmadi. So‘fi voqeaning eng qo‘rqunch joylarini aytib bergan vaqtida ham, eshonning yuz-ko‘zlarida hamon o‘sha sho‘x va o‘ynoq kulish jilvalanardi. «Men toshga gapirayotibman, shekilli» degan o‘yni o‘ylab oldi so‘fi: orqasidan darrov istig‘for aytdi… So‘zini bitirgach, so‘fi eshonning og‘ziga tikildi va «muborak» so‘zlariga muntazir bo‘lib qoldi. Eshonning sho‘xligi yana orta tushgan edi. Xonaqo kuylarining eng sho‘xini olib, boshini to‘lg‘ay-to‘lg‘ay butun vujudi bilan silkina-silkina kuyladi: Foniy dunyo be-esh kundir, be-esh kundir, ho-ov, So‘filik ahdi-in sindur, ahdin sindur, ho-ov. Billur qada-ahlar birla may so‘ngil, soqi-yey, Xonaqo qaro-o tundur, qaro-o tundur, ho-ov… So‘fining ko‘zlari olayib ketdi: bu – muridning o‘z piriga birinchi marta ko‘z olaytirishi edi. – Taqsir, biron maslahat… – Maslahat? – dedi eshon, xoxolab kuldi. – Odam o‘ldirgan bolaning otasiga qanday maslahat bo‘ladi, so‘fi? Bolasining yoniga nima uchun otasini jo‘natmaydi bu ahmoq o‘rus? Adolat bormi kofirda?! So‘fining tanlariga birdaniga o‘t tutashganday bo‘ldi. Butun vujudi qizigan tanurday tobiga kelgan edi. Qo‘llari ixtiyorsiz balandga ko‘tarildi, mushtlari o‘z-o‘zicha tugumlandi… Bu musht pirning boshiga tushmoqchi edi. Faqat, qarshidagi kim? – Pir! – Eshon! Eshonbobo! Yo‘q, unga qo‘l ko‘tarib bo‘lmaydi! Yana bir onda so‘fi suvday suyuldi, qorday eridi, oriyat oyoqlari bilan omonat yerni bosib tashqariga chiqdi… Uyga borib indamasdan yotoqqa cho‘zildi, kampirning savollariga javob bermadi. «Yana fe’li aynibdi cholning!» deb o‘yladi kampir. U bechora hali voqeadan xabarsiz edi. Erta bilan nonushta chog‘ida butun bo‘lgan voqeani yotig‘i bilan kampirga aytganidan keyin so‘fi kecha pirining boshiga tushmoq uchun ko‘tarilgan mushtning bu kun o‘z boshiga tushayotganini ko‘rdi. U musht shu qadar dahshatli ediki, «kechaning o‘zida o‘z joyiga tushirsam bo‘lar ekan!» deb o‘yladi so‘fi, achchig‘idan mushtini tishladi. Piyoladagi choyni yarim qoldirib ko‘chaga chiqqan vaqtida so‘fi o‘z-o‘zini taniyolmay qoldi. Oyoqlari xuddi tobut ko‘tarib borayotgan musulmonning oyog‘iday bir-biriga tegmasidi. Barmoqlari biri ochilib, biri yumilar, ichidan kuchli bir ovoz to‘lqini chiqib kelib ko‘cha o‘rtasida tomog‘iga yopishardi. Salom berganlar aliksiz, so‘rashganlar javobsiz qoldilar. Uning yaqinidan o‘tganlar mutloq turtildilar, dasturxon ko‘targan xotinlar hammasi deyarlik qarg‘ab o‘tdilar. «Jinnimi, nima balo?» degan ovozlar eshitildi, bu ovozlar so‘fining qulog‘iga «Kim jinni? O‘rusmi yo o‘zlarimi?» degan shaklda borib kirdi. Aravakashlarning «po‘sht, po‘sht!» degan ovozlarini «o‘lah, o‘l!» degan kabi ta’na shaklida eshitdi va xuddi yelkasi oldida to‘xtagan otning ko‘pikli tumshug‘iga qarab turib, «o‘zlari o‘lsin, o‘zlari!» deb so‘zlandi: aravakashlar aravalarini uning yonidan sekingina burib o‘tar edilar. Bozor o‘rtasida bir nonvoy obinon savatini tutdi, so‘fi ixtiyorsiz qo‘l uzatib ikkita nonni oldi, so‘ngra bir nafas o‘tmay nonni yana savatga qo‘ygach, nonvoyga qarab kuldi: «Men olaman ham, beraman ham, u kishi faqat olishni biladilar!» – dedi, yana yo‘lga tushdi. Shundan keyin yurishini sekinlatdi, og‘ir-og‘ir o‘y surardi: «Xudo – xudo bo‘lib turib – ham oladi, ham beradi, yo‘q-a, u ilgari jon beradi, keyin jon oladi. Yer, yer bo‘lib turib, ilgari rizq beradi, keyin jon oladi. Olgan beradi-da! Sen nimasan, pirim, sen? Xudodan zo‘rmisan? Yerdan kuchlimisan? Olasan, bermaysan. Olasan, bermaysan…» Xonaqoda namozdan keyin «sukut»ga ketib, mudrab o‘tirgan eshonni Razzoq so‘fining telba hayqirishlari uyg‘otib yubordi. Eshon seskanib ketdi. Ko‘zini ochib u yoq-bu yoqqa qaraguncha bo‘lmasdan eshikdan baland ovoz bilan so‘zlanib Razzoq so‘fi kirib keldi. Og‘zidan ko‘pik sochib, boshlarini jerkib-jerkib so‘zlanardi: – Xudo, xudo bo‘lib turib avval jon beradi, undan keyin jon oladi. Sen kimsan? Xudodan zo‘rmisan, taqsir? – Bay-bay! Tiling kesilsin, badbaxt! Kofir! So‘fi o‘sha xilda gapirganicha pirning boshiga kelib to‘xtadi. – Yer jonidan – ilgari beradi, keyin oladi. Yerdan ham kuchlimisan, taqsir? – Nima bo‘ldi senga, so‘fi? Jinni bo‘ldingmi? – O‘zlari jinni, taqsir, o‘zlari! Eshaklari jinni, itlari!.. – Hay, kim bor? Bolalar! – deb qichqirdi eshon, o‘rnidan turib orqaga tisarildi. – Qochma, taqsir! Hovuchingni och! Men gadoy bo‘lsam ham, xurjunimning ikki ko‘zi to‘ladir… Sendaqalarni necha yil boqishga yarayman… – Bolalar! – deb baqirdi yana eshon. O‘zi tisarilib-tisarilib borib xonaqoning bir burchiga qisilgan edi. – Qo‘rqutmang, taqsir, bechora muridingizni. Men nima qildim sizga? So‘fi birdaniga yig‘lay boshladi. Tashqaridan muridlar yugurib kelishdilar. – Qayda qolding hammang? Chaqira berib tomog‘im yirtildi. Olib chiq bu jinnini! Suvga pish! Muridlar hammasi so‘figa yopishdilar. – Tegma menga! – deb bo‘kirdi sufi. – Men o‘rus sudidan qochib qutilgan kishi bo‘laman. Eshoningni sog‘ qo‘yamanmi men? A? Muridlar istig‘for aytib, so‘fini qarg‘adilar. – Tiling qursin, tiling uzilsin! – Kofir! – Nasora! – Mardud! Ko‘cha darvozalari taqa-taq berkitilgach, hovuzning qalin muzini teshdilar: so‘ngra so‘fini yalang‘och qilib ko‘targanlaricha hozuzga tashladilar. So‘fining tani shu topda Arabiston tog‘larining saratondagi toshlariday qizib yonardi. Unga xush yoqdi bu jazo… Suv ichida jinnilarday na’ra solib baqirardi. Muridlar kulishib qarardilar. – Bas endi! – dedi eshon ichkaridan. – Endi ozroq xipchin! So‘fini hovuzdan chiqarib olib ingichka novda bilan gavronladilar. Yalang‘och va nam badaniga tekkan behi savacho‘p «chirs!» eta ovoz chiqarardi. Zarblarning sanog‘i anchaga yetgach, so‘fi bir marta qattiq faryod ko‘tardi, shu bilan hushidan ketib muridlar qo‘liga yiqildi… Undan keyin kuni bo‘yi karaxt bo‘lib yotdi. Kechasi isitma boshlandi. Ichkaridan chiqqan bir kosa qaynoq sho‘rvani muridning yuziga irg‘itdi. Shundan keyin muridlar yana kaltakladilar. Faqat, o‘zi isitma bilan yonib turgan odam kaltak zarbini sezmadi. U kaltaklar unga uqalashday tuyulgan edi. Erta bilan o‘ziga keldi, isitmasi tarqalgan edi. Horg‘in ko‘zlarini ochdi, kaltaklangan yerlarining achishganini sezdi. Qamish savacho‘pni kuydirib kulini bog‘ladilar, orom olganday bo‘ldi. Faqat, bu orom uxlamagan ko‘zlarining o‘tkir talabidan o‘zga emasidi. Uxlab ketdi. Ikki kundan so‘ng u musichadek yuvosh va muloyim bo‘lgan edi. Tashqariga chiqib yurdi, muridlarga kulib qaradi. Faqat, gapga javob bermadi. Xayoli boshqa joyda, boshini chaypar, kulimsiragan ko‘zlari bilan muridlarga tikilardi. Eshonga aytdilar, «haydab yuboraylikmi?» deb so‘radilar. – Yura tursin. Endi o‘zi bilib ketadi, – dedi u, kuldi. Yana uch kundan so‘ng juma kuni erta bilan namozga turgan muridlar eshonning xonaqoda o‘lib yotganini ko‘rdilar. Soqollari yulingan, tomog‘ida chuqur barmoq izlari boridi. Xonaqoning bir burchida kichkinagina javonchada eshonning eng aziz kitoblari saqlang‘uchi edi: javon ochilgan, kitoblar ham ochilib-sochilib yotardilar. O‘sha yerdan bir necha uch so‘mlik va besh so‘mlik qog‘oz pul topib oldilar, ular ham sochilib yotardi. – Ham joniga, ham moliga qasd qilgan ekan bachchag‘ar! – dedi bir murid. Boshqalar ham boshlarini tebratib bu fikrga qo‘shildilar. So‘fidan darak yo‘q edi. Qurvonbibi jinni bo‘lib paranjisiz va yirtiq kiyimlar bilan eshonnikiga kelgan vaqtida, uni zanjirga bog‘laydigan odam ham topilmadi. Eshonning katta xotini rahmi kelganidan muridlarga buyurdi: ular jinni xotinni tutib ichkaridagi katta tolga bog‘ladilar. Qurvonbibi bir nafas tinmasdan o‘zicha so‘zlanar, kim yoniga borsa, Zebini maqtab gapirar, uning dutor chalishi, ashulla aytishi, chok tikishi, to‘ppi bosishlarini hikoya qilar, yurish-turishlari, qaddi-qomati, bo‘ylari, ko‘zlari va qoshlarining chiroyliligini aytib, har kimdan «Qani mening Zebim? Qani Zebonam?» deb so‘rar, shundan so‘ng ho‘ngrak otib yig‘lab yuborar edi. Qish chiqishga yaqin allaqanday qarindoshlari kelib uni olib ketdilar. Qorilar, domlalar, parixon, azayimxon, duoxon va boshqalarga pul berib o‘qitdilar, ko‘chirtirdilar, dam soldirdilar – foydasi bo‘lmadi. Hamon o‘sha eshonnikidagi singari har kimga qizini maqtab gapirar, so‘ngra ho‘ngrak otib achchiq-achchiq yig‘lagach, «Yoriltosh» kuyida o‘zi to‘qigan baytlarini o‘qirdi: Zebi, Zebi, Zebona, Men ko‘yingda devona. Seni sotdi o‘z otang, Men bo‘layin sadag‘ang! Zahar qilib oshingni, Pirim yedi boshingni! Zebi, Zebi, Zebonam! Qayda qolding, dilbarim?.. Kileo‘patra Ey Misrning tangrisi, Nilning malikasi Kileo‘patra! Oydin kechalarda, sirli Nilning bo‘ylarida uzun etaklaringni maysalar, gullar ustidan sudrab yurub yangi ochilg‘on vafo hidli nilufar chechagi uzubsan. O‘zingni yelpib turg‘uchi qulg‘a chechakning fazilatlaridan gapirganingni eshitdim: «Bu gul suvda o‘sib, suvda yetishib, yana suvda bitadir», — deding. Bilaman, tengsiz qiz, bilaman. Nil suvi bilan o‘sgan nilufarni qancha maqtasang ham ozdir. Mening bag‘rimda-da sevgi hidli bir nilufar o‘smakdadir. Uni suvlab o‘sdirgan, yetishdirib turg‘on narsa menim «niliy» ko‘zlarimning yoshidir. Ne achchig‘, ne zahar, ne totlig‘ — to‘yub bo‘lmas toti bordir uning! Yuzlaringni eng oddiy bir bozor qizining yuzlariday ko‘rksiz qilmoq uchun alam hidini socha boshlag‘on choqda sergak bo‘l-da, menga yaqinlashma! Yuzlari qayg‘idan — sen uzub tashlag‘on Nil gullaridek — so‘lg‘on oshiqlaringga ayt, kelsinlar uning sevgi hidi sochqon choqlaridakim, yuzlari burung‘i asliga qaytsun! Go‘zal Kileo‘patra! Otang fir’avnning zaharlari qadar achchig‘ zaharlarni uning ko‘k yaproqlaridan — istaganing qadar — ola bilasan. O‘zingning yuzlaringdek yumshoqlik va malohatni yana uning qizil yaproqlaridan ema bilasan. Balki, esingda yo‘qdir. Bir kun otang bilan chiqqan ovdan charchab, o‘zing yolg‘iz qaytib kelding. Charchag‘on bo‘lsang-da qaramasdan yugurib Nil bo‘yig‘a tushding. O‘tgan tongda bir hindistonli oshiqni timsohning og‘ziga tashlab bergan joyingdan bir to‘plam nilufar chechagi yig‘ding. Haram uyingning ayvonidag‘i supachaga joy soldirib yotding-da, haligi gul to‘plamini qizil ipak bilan boshingg‘a osdirib qo‘yding. O‘ychan, qayg‘ili ko‘zlaringni Nilning ustida kabi ko‘rungan oyg‘a tikib olib, to‘ymaslik bilan gulni hidlab-hidlab va shunga aldanib uyqug‘a ketding. Tongga hali yiroq edi. Oy yog‘dusini butun to‘laligi bilan sepib, yer yuzini sutdek yorug‘ig‘a ko‘mub tashlashg‘a tilar edi. Misr — u sirlar va yashirinliklar uyasi bo‘lg‘on Misr o‘zining butun go‘zalliklari bilan birga uxlar edi. Qator-qator falloh qishloqlari, qator-qator ehromlari, qator-qator abulhavllari, xavfdan titrab turg‘on bani Isroilg‘a maxsus ma’budlari bilan birga uxlar edi. Nil — oppoq oqarib, tala o‘rtasida ilondek buralib yotqon Nil ham kechaning shu sharpasiz quchog‘ida jimgina uxlar edi. Otangning hashamatli saroylari, xurmozorlar birga-birga, bir to‘plam halokat, bir qora g‘ujum bo‘lub uxlaylar edi. Seni yelpib turg‘on qulcha yelpig‘ichi bilan, soqiyang kosasi, cholg‘ichi qizing cholg‘isi, kecha tog‘lardan oldirg‘on podaching nayi bilan uxlar edi. Sengina, sen — fir’avn qizi, dahshatli fir’avnning yumshoq qizi — uyg‘onding. Seni erkalatib uxlatg‘on nilufar gullaring so‘lg‘on edi: nozik qo‘l bilan nozik ipini bir tortding — uzuldi. Gulni — hech qizg‘onmasdan — g‘ujumlading-da, bosh tomoningga irg‘itding… tushdi — ketdi! Sen gulni g‘ujumlagan tinda bosh tomoningdan, boqchadan «oh» tortqon bir tovush keldi; u baqirg‘on sening oshiqlaringdan, ertaga Nilning timsohlar to‘lug‘ quchog‘iga kiraturg‘on bir shahzoda edi. Sen tovushingni chiqarmading, balki, eshitmagandirsan?! Gulning so‘lg‘onig‘a joning chiqar darajada qizig‘on eding. Turub borib yana bir to‘plam gul uzub kelmakchi, uning hidi bilan tong otdirmoqchi bo‘lur eding. Ammo buni qilmading, qila olmading, so‘ng ortuq tushunmakka, ko‘zingni bir nuqtag‘a tikib og‘ir-og‘ir o‘ylanmoqg‘a boshlading. Birdan turding, xizmatchilardan birini uyg‘otib gulga yubormoqchi bo‘lding shekillik, u yoq-bu yoqg‘a qaragach, yana yotding. Yana og‘ir-og‘ir tushunar eding. Naq boshingda — ayvonning pastida — qarab turg‘on men sekingina boshingg‘a keldim. Sezmading. Sekingina bag‘rimdagi gulni olib boshingg‘a tashladim. Bilmading. Uning hidlari seni bo‘shashtira boshladi. Shul qadar bo‘shashgan edingkim, sen Kileo‘patra bo‘lub buncha yaxshi uxlamag‘on eding. Kun o‘zining o‘tkur tig‘larini yumshoq yuzlaringg‘a sanchg‘onda-da, uyg‘onmas eding. Yon-beringdagilar uyg‘ondilar. Ko‘rdilarkim, sen hech bir turmishingda ko‘rulmagancha to‘lub, toshib, qaynab, rohatlanib uxlaysan. Hech kim uyg‘otishqa jur’at qila olmadi. Otang fir’avndan seni so‘rab kelgan kishiga poyloqchi kampiring: «Ul ko‘b totli uyqudadir», — deb javob berdi. Bosh tomoningda endigina bosh ko‘tarib kelayotqon yoppa-yolg‘iz xurmo og‘ochig‘a suyanganim holda men seni kuzatar edim. Men seni-da, yon-beringdagilarni-da erkin-erkin ko‘rganim holda, bilmadim nima uchundir, sening qullaring, joriyalaring, oqsoch va cho‘rilaring meni ko‘rmadilar yoki ko‘rsalar-da: «Bu-da bir bechora oshiqdir, bu-da erta-indin Nilning qurboni bo‘lur», deb o‘ylaylar edi. Faqat unlar yanglishalar edi! Men bosh tomoningda o‘lturub seni kuzatganim bilan-da, ko‘zim — ko‘ngil ko‘zim sira senda emas edi. Menim ko‘zim o‘zimizning mutakabbir, semiz, dahshatli Amuda edi… Nihoyat ko‘zingni ochding. Boshingni qaldiratib turub esnash-hidlash, sezgining butun kuchi bilan gul isini esnading. Sening sevgisiz bag‘ringg‘a yumshoqlik sepib turg‘on gulim shul tinlarda butun borlig‘i bilan sening tegrangga sevgi hidi sochib turar edi. Sevgisiz ko‘ngilga sevgi hidi, bilmadim, qanday xush keldi? Faqat, yuzlaringning tag‘in-da yasharib ketganligini ochiq-oydin ko‘rdimkim, mana bu gulning ta’siri edi. Yoningdag‘ilar ham senga va sendagi o‘zgarishga tongg‘a qolalar, lablarini tishlaylar edi. Ko‘zlaringda yana uyqu ko‘lankalari uchqoni ko‘rildi, yana uxlamoq istading. Faqat, hidi tegrangni qoplag‘on so‘lmas gulning qayda ekanini bilmak istagi uyqu istagidan ortig‘roq edi. Shuning uchun-da boshingni qaldiratib, ko‘zlaringni o‘ynatib, tinsizgina uni izlar eding. Nihoyat so‘rading: — Bu xush is qaydan keladir? Yoningdag‘ilar birdan javob bera olmadilar. Biri — ikkinchisiga, ikkinchisi uchinchisiga qaray boshladi. Fir’avn qizi emasmisan — darrov g‘azabing chiqdi: — Shuni ham bilmaysizmi? Men sizni nima uchun boqib o‘lturaman? Bir habash xotun dudulab-dudulab javob berdi: — Boqchadan! Kulub yubording. — Xurmozordan! Yana kulding. — Nil bo‘yidan! Bu yo‘li achchig‘ing keldi: — Jim! Tentakmisan? — deding. Tindilar… Bir qiziqchi kampiring bor ekan, maymun kabi qixixlab keldi-da: — Narigi dunyodan! — dedi. Sharaqlab kulub yubording. Kampirning kayfi keldi: — Narigi dunyodan deganim, ya’ni — go‘ristondan! — dedi. Bu yo‘li kulmading. Biroz qovog‘ingni burushtirding-da: — Ma’ni berish kerak emas. Bu xurmog‘a tuz sepgan kabi bo‘ldi, — deding. Shunda men sening aqlingni olqishlag‘on edim. Birdan o‘rningdan turub, yuzingni boqcha tomonga qaratib tiz cho‘kding. Boshingdan bir bolishni olib tashlading, oradan gul kelib chiqdi, sevinib ketib «Mana tobdim!» deb darrov qo‘lingg‘a olding. — O-o… Bu gul yot guldir. Misr guli emas! Yoningdag‘ilar yana tindilar. — Qaydan keldi bu? Kim keltirdi? Yana javob bo‘lmadi. Qiziding: — Nimaga indamaysiz? Tilingiz uzuldimi? Unlar qaltirib, titrab bir-birlariga qaramoqg‘a boshladilar. Bildimkim, sening achchig‘ing yomon qo‘zg‘alsa, u zavollilar uchun yomon bo‘lar edi. Shuning uchun yugurib boshingga keldim. Ortiq takalluf qilmay, ortiq yerlarga egilmasdan boshim bilan hurmat salomi berdim-da: — Gulni men keltirdim, u menim gulimdir, — dedim. Sen darrov so‘rading: — Sen kimsan? Tinchgina javob berdim: — Men bir adashib kelgan kishiman. Ko‘zlaring og‘uli havaslar bilan menga qaray boshlag‘on edi. Birdan yuzingg‘a jiddiyat kirdi, shamol tezligi bilan yuzimga: — Adashib kelgan bo‘lsang, yo‘l ko‘rsatsinlar, ket! — degan so‘zni tashlading. — Gulimni olayin-da, ketayin, xo‘p! — deb gulga qo‘l uzatdim. Amirlar tovushi bilan baqirding: — Tegma, u gul munda qoladir! To‘qtadim. O‘zing ko‘zingni uzmasdan menga qaray eding. — Yigit, sen yomon tilak bilan kelmadingmi? — Yo‘q, teskarisidir: eng yaxshi va to‘g‘ri tilaklar bilan keldim. — Ayt, nima uchun kelding? — Sevganimga Misr nilufaridan bir to‘plam olib kelmak uchun keldim. Birdan uyg‘onding. — Sevganingmi bor? — Bordir. Shoshilib-shoshilib so‘rading: — Fir’avnning qizi emasmi? — Yo‘q. — Nil bo‘yida emasmi? — Emas. — Qaydadir? — Amu nahri bo‘yida. — Amu… Gul kimniki? — Boya ham aytdim: meniki. — Kim uchundir? — U uchun. — U kimdir? — U… mening Kileo‘patramdir. — Jim! Mendan boshqa Kileo‘patra yo‘qdir. — Sen Misr, Nilbo‘yi Kileo‘patrasisan, u esa Hazarbo‘yi, Amu Kileo‘patrasidir. — Jim! — Sevgida jimlik bo‘lmas. — Gul Amu suvindami o‘smishdir. — Yo‘q… Ko‘zlarimning yoshida o‘smishdir. — Oh! Ko‘zlaringda tomchi-tomchi yoshlar ko‘rindi. Boshingni yostiqg‘a qo‘yding-da, o‘yga botding. Birozdan so‘ng o‘rningdan turding. — Ol gulingni! Oldim. O‘zing oldimg‘a tushding, menga «orqangdan yurmak uchun» ishorat qilding, yurdik. Etaklaring har-har yerlarni supurib borar edilar. Bir uyga kirdikkim, ziynati meni tongg‘a qoldirdi. Sen oltun oyoqli yumshoq supachaga o‘lturding; sening ishorating bilan men ham yoningg‘a o‘lturdim. So‘z boshlandi. — Nega Nilbo‘yi nilufarlari tez so‘lalar? — Unlar oddiy gul bo‘lg‘onlari uchun. — Sening guling nega tez so‘lmaydir? — U sira so‘lmas! — Nima uchun? — Menim ko‘z yoshimda bitib, menim ko‘z yoshimda o‘sgani uchun. — Ko‘z yosh tubda achchiqdir, bu nimaga achchig‘ emas? — Muning-da, achchig‘ hid sochqon choqlari bordir. Bu sevgi chechagidir, umidlik ko‘z yoshlarini ham ko‘b emgandir. Shuning uchun totlidir. — Menga qoldirib ketmak istamaganing nima uchun? — O‘zimniki bo‘lg‘on uchun! Tinding. Faqat, ko‘zlaring egri havaslar bilan to‘lg‘oni holda menga qaraylar edi. Sening qarashlaringda xiyonat olovlarini ochiq seza boshlag‘on bo‘lsam-da, tindim. — Men gulsiz qola bilmayman. — Sening uchun mundog‘ gullar yo‘q emas, bor. — Qayda? — Istasang Nilning bo‘ylarida, istasang shahar ko‘chalarida. — Yo‘q, ishonmayman — bo‘lmas, topilmas. Ham bu gulning egasi bo‘lg‘on go‘zal sira Misr Kileo‘patrasi kabi bo‘la olmas. — Mening qarashimda undan ham ortig‘dir. Bu javobimga achchig‘ing kelmadi, so‘zni burding: — Men shunday gulni qanday qilib topaman? — Nilga tashlang‘on, timsohlarga yem bo‘lg‘on oshiqlaringda shunday gullar bor edi. Sen jiddiylashding: — Yo‘q, — deding, — yaxshi ishongilkim, ular menga go‘zal bo‘lg‘onim uchun emas, fir’avn qizi Kileo‘patra bo‘lg‘onim uchun «oshiq» edilar. Birgina kishi bo‘lsun chin sevish bilan sevgani yo‘qdir. Agar senga o‘xshag‘on bo‘lsalar… Men ularni Nilda emas, ko‘zimning qoralari orasida saqlar edim… Men ularni bilaman: ular bir qo‘rquv oldida meni unutalar. Shuning uchun men ularni qo‘rqinch timsohlarga yem qildim. Senda bu yo‘q. Sen fir’avn qizi Kileo‘patra yonida turg‘oning holda… — Amu bo‘yida turg‘on kabiman. Jim bo‘ldik. So‘zni men boshladim: — Boqchangda bir oshiq bor, chin oshiqdir. — So‘zlama! U meni emas, mening joriyalarimdan lublonli bir qizni sevadir. Shuning uchun men unga teginmadim. — Shundaymi? — barmog‘imni tishladim. Shul vaqtda ko‘zim ko‘zingga tushdi; yomon qo‘rqinch tus olg‘on, qizig‘on edi. Har ikkalasidan xiyonat to‘lub-toshar edi. Qo‘rqa boshladim. Lokin yana tindim… Kichkina bir ishorang bilan uyda hech kim qolmadi; pardalar tushdi, narigi yoqda ingichka cholg‘i tovushi aralash qizlar qo‘shig‘i eshitila boshladi. Taningda bir hovliqqanlik sezdim. O‘zimda-da cholg‘ining ta’siri bilan bir to‘lqun boshlandi. Cholg‘i, sezdimki, ehtiros kuyini o‘ynar edi. Muni sening xoin, kulgan va quyuqlashg‘on ko‘zlaring o‘ynab-o‘ynab ko‘rsatar edi. Cholg‘i bir darajaga yetdikim, men bo‘shashib sekingina yonboshladim. Bu choq sening taningning o‘tdek qizig‘oni holda menga yaqinlashqonini bildim. Qaltirar, qo‘rqar, ko‘z oldimda o‘z Kileo‘patramning xayolini istar edim. Oh, xiyonat damlarida ul nechik kelsun! Yana gul ko‘magimga yetdi. Sen — meni o‘zingning ehtiros kuching bilan mast qilib — gulimni va yigitligimni tortib olmoq istagan eding. Ishni shul darajaga yetkazgan edingkim, menda qarshilik qilmoq uchun kuch qolmag‘on; men butun ehtirosim bilan xoin tanlaringga ilondek o‘ralib ketgan edim… Birdan gul o‘limlik hidini sochdi. Men uyg‘ondim, ehtiros tanimda o‘z-o‘zidan erib yo‘q bo‘ldi. — Sen — yuzlaring so‘la boshlab — bo‘shashib yiqilding. Men gulimni qo‘lga oldim-da, to‘g‘ri Nil bo‘yiga chiqdim. O‘zimning gulimni Nilning suvlariga, ko‘kat-maysalariga «ko‘st-ko‘st»lab yurub, o‘z Kileo‘patram uchun bir to‘plam nilufar yig‘dim-da, yo‘limg‘a ketdim… Men Amu bo‘yig‘a yetganimda orqamdan bir kaptar uchub keldi va sening shu xatingni topshirdi: «Yigit! Men butun dunyog‘a mashhur fir’avnning qizi go‘zal Kileo‘patra bo‘lg‘onim holda chin va sof bir sevgi uchratmadim. Chin muhabbat egalarining ko‘z yoshlarida yetishaturg‘on uzoq umrli, vafo hidli nilufarni sening qo‘lingda ko‘rganimdan beri ko‘rmadim. Oh, uning men uxlayolmay yotqon chog‘imda sochqon hidlari qanday edi? Sira anglayolmayman. Sen «sevgi hidi», deding shekillik. Oh, agar sevgining bir chechagidan chiqqon hidi shunday bo‘lsa, uning o‘zi qanday narsadir? Koshki seva bilsam, o‘zimning eng haqir ko‘rgan qulimni bo‘lsa-da seva bilsam! Seni sevdim, deb o‘ylag‘on edim, o‘zing ketgach bildimki, u senga — sening yigitligingga bo‘lg‘on shohona bir muhabbatgina, bir havasgina ekan… Oh, ul gulingga nima deyay ekan? Agar ul yomon hidini sochmasa, bir zumda paydo bo‘lg‘on tentak bir havasning qurboni bo‘lur edim. Sofligim ketar edi. Oh, u soflikning haqiqatda nima ahamiyati bor? Bo‘ldi nima, bo‘lmadi nima? Tubda soflikni-da saqlab qolaturg‘on muhabbat kerak emasmi? Menda u yo‘q… Shuning uchun soflikning ahamiyati ham yo‘q… Taxtning, saltanatning qayg‘idan boshqa yaxshiligi yo‘q… Go‘zal Nilning go‘zalligi yo‘q… Xurmo o‘rmonlari vahshiy… Nilufarlar vafosiz… umrlari besh-o‘n nafas… Kel, menga sof muhabbatdan biroz so‘zlab ber! Endi ehtirosga berilmayman, kel. Men-da sof sevib, sevilmoq istayman… Misr, Nilbo‘yi. Kileo‘patra». Go‘zal Kileo‘patra! Xatingni oldim. Amu ko‘purmishdir, toshmishdir. Amuning toshqini o‘zimning Kileo‘patramga-da, senga-da yo‘lni to‘sdi. Gulim ham hozir yetim qoldi… Kirzon notasi Angliya millat majlisida So‘ng vaqtda matbuot, butun Rusiya va balki butun dunyoning miyasini bir narsa ovora qildikim, u ham Angliya hukumatining sho‘rolar Rusiyasiga bergan no‘tasidir. Angliya hukumatining «urushqa qiliq» sezgilarini juda ochib ko‘rsatkan bu no‘ta bizning sho‘rolar matbuotida «Kirzon notasi» deb ataladir. Bu – darhaqiqat to‘g‘ri. Notaning ruhi Kirzon to‘radir. Uning ma’nosi «Kirzon to‘raning urushqoqlig‘i» demakdir. Shul no‘ta, ya’ni «Kirzon notasi»so‘ng vaqtda Angliya millat majlisida qaralib o‘tdi. Nota ochiqdan ochiq «nimaga xotuningga kovush olib bermading? Shuning uchun sening adabingni bermak kerak degan ruhda bo‘lg‘ani uchun bu masala millat majlisida katta fil voqealarg‘a sabab bo‘lsa kerak edi. Lekin unday bo‘lmag‘an. Maskavda chiqaturg‘an «Haqiqat» (Pravda), «Xabarlar» (Izvestiya) gazetalari bunga bag‘ishlab bosh maqola yozib chiqardilar. Biz o‘qug‘uchilarimizni markaz gazetalari orqaliq shu muhim masala bilan tanishtirmoqchi bo‘lamiz. «Haqiqat» (Pravda) gazetasi yozadir: «Avom palatasida haqiqiy bir kulki (kamediya) bo‘lub o‘tdi. Bu kulki – millat majlisi degan narsalarni urushqoq lo‘rdlar qo‘lida qanday oddiy o‘yunchoq bo‘lub yurganligini ko‘rsatadur. Kirzon notasini «ig‘vo» deb turg‘an holda Angliya chet ellar nozirining muovini Mok Noil turub Angliya hukumatining kengash-mengashlarni rad qilg‘anlig‘ini uzun-uzun gap so‘zlarni xohlamag‘anlig‘ini o‘z talabida mahkam turg‘anlig‘ini ancha-muncha narsalarga qanoat qilmag‘anlig‘ini so‘zlaydir. Shundan so‘ng millat majlisi tarqaladir. Shundan so‘ng hukumat butkul Kirzonga topshiriladur. Kirzunning qo‘llari yechilgan istaganini qilaberadi. Mana Angliyada millat majlisi shu holdadir. «Xabarlar» (Izvestiya)da o‘rtoq Istiklo‘f yozadir: «Rusiyaning qaytarg‘an javobida Mok Noilga ma’qul bo‘lg‘an joyi – ingliz baliqchi kemalari to‘g‘risidag‘i moddalardir. Boshqa moddalar unga sira ma’qul emas. Angliya hukumati umuman ozroq bir narsa bilan rozi bo‘lmoqqa istamaydir. O‘zining talablarini tugal olmoqchi bo‘ladir». Gap-so‘z ko‘rinish xili «vahimalik» Angliya talablarining qattig‘lig‘i joyida yumshag‘ani yo‘qdir.Rusiya bilan «barcha barobar» bo‘lub turub gaplashishni xohlamasliq yana o‘z joyida. Biz janjalliq masalalarda Angliya hukumati bilan gaplashishga hozirmiz. Lekin o‘z bo‘ynig‘a birovlarning irodasini osdirishg‘a sho‘rolar hukumati sira va hech bir yo‘l bilan rozi bo‘la olmaydir. Qissadan hissa chiqarayliq. «Haqiqat» gazetasi bu«jiddiy qissa»lardan Rusiya ishchi-dehqonlari uchun shunday bir hissa chiqaradir: «Ishchi – dehqonlar! Har bir qo‘yilg‘an qadamni kuzatib boringiz». Kislovodskda Ikromov nomidagi sanatoriya 1932-yil oxirlarida O‘zbekiston XKSning tashabbusi va qarori bilan O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash xalq komissarligi qaramog‘ida O‘zbekiston sanatoriyasi ochilgan. Butun Rusiya kurortlar idorasi bizning sanatoriya uchun shaharning yaxshi va bahavo bir yeridan joy bergan. Durust, u joydagi binolarning ko‘p mazasi yo‘q; sanatoriyaning ikkala korpusi ham, agar yangilshmasam, ilgari xususiy kishilar (boylar)ning hovlilari bo‘lgan. Sanatoriya tuzulgach u binolarni naridan-beri sanatoriya talablariga uyg‘unlashtirganlar. “Naridan-beri” deganim asossiz emas: hali ham sanatoriyaning oshxonasi, qlubi va boshqa yordamchi joylari tarqoq va o‘z sha’niga uncha yarashmayturg‘an binolarda bo‘lunadi. Sanatoriya mudiri joy xususida Toshkent shahar sovetidan kam qiynalmaydi. Butun Rusiya kurortlar idorasi bilan qiling‘an shartnoma bo‘yicha 1932-yildan boshlab maxsus sanatoriya binosi solinishi kerak. Hozir 1936-yil bo‘laturg‘an bo‘lsa u masal hali ham ochiq turadi. Sanatoriyani berkitish kerak degan fikrlar borga o‘xshaydi. Bu fikrlar ham qat’iy emas, shu uchun sanatoriya mudirligi ertaga nima bo‘lushini bilmasdan, yolg‘iz bugun uchungina ish ko‘radi. Holbuki, bunday katta ishda istiqbolning ahamiyati katta. Shuning uchun sanatoriya o‘z taqdirini avvaldan uzul-kesil bilishi kerak. Shu yil may oyining birida sanatoriya remontdan chiqib ochildi. Respublikamizning har bir tomonidan dardiga darmon qidirgan mehnatkashlar bora boshladilar. Ularning ko‘pchiligi – mamlakatimizning sharafli eranlari: staxanovchilar. Kaganovich rayonidan bir cholni kurort bilan mukofotlanganlar. Uning nomi Jalil polvon Ismatillayev, “Obodon” kolxozining raisi. Bu kolxoz 1932-yildan beri paxta planini vaqtidan ilgari bajarib keladi. Bu yil esa Jalil polvon paxtasini 12 aprelda ekib bitirganda, birinchi chopiqqa odam tushurib, so‘ngra o‘zi dam olgali jo‘nagan. Polvonning qisiq kichkina ko‘zlari tinmasdan o‘ynaydi. Uning badani rohatda bo‘lsa ham, ko‘ngli besaranjom: “Markazga va’dani katta berganmiz. Va’daga vafo qilish kerak. Buning uchun tinmasdan ishlash lozim. Men bo‘lsam bu yerda o‘ynab yuribman. Yaxshi joy ekan, seroblari bor ekan, cho‘mulib yotibman. Ammo, mullaka, ko‘ngul tinchimaydi… tushimda ham talalarimni ko‘rib chiqaman…” deydi. Bir kun menga yana nimalar deydi. Bir kun menga yana nimalar deydi: “Mudirga aytsangiz, tezroq javob bera qolsa!”. Jalil polvon kolxoz talasini yashnatish bilan birga kolxozchining maishiy talablarini ham unutmagan. “Qishloqimizda buzulib vayron bo‘lib ketgan bir hammom bor edi. Yangidan soldirganday qilib tuzattirdik. Hali rayondan ham ko‘p odamlar hammomlashgali bizning qishloqqa keladilar” deydi. Yangi maktab binosi bor, lekin kichikrak. Hozir g‘isht quydirilmoqda, maktab uchun katta bino solinmoqchi. Kolxoz yo‘l binokorligi planining o‘ziga tegishli qismini to‘la bajarib keladi. Kolxozning 80 ta qo‘yi bor. Har kolxozchida yana bir nechta qo‘y bor. “Moli yo‘q kolxozchi kam qoldi, ko‘p bo‘lsa 5-10 dan oshmas. Bu yil ularni ham mollik qilamiz” deydi polvon. Respublikamiz o‘zining bunday azamat o‘g‘ullari uchun har qancha qilsa yana oz! Kislovodsk olisda bo‘lgani uchunmi, bilmadim – bizning Sog‘liqni saqlash xalq komissarligi tegishincha ahamiyat bermaydi. Shu yil ham remont bitishga yaqinlashg‘ani holda mablag‘ masalasi hal bo‘lgan emas edi. Birorta adabiy kecha o‘tkazish mumkunmi, yo‘qmi degan maqsad bilan fevral oyida Kislovodskka jo‘narkan Sog‘liqni saqlash xalq komissarligiga kirib, kurortlar boshlig‘i o‘rtoq Kamshenkodan sanatoriyadagi kasallarning milliy sostavini so‘radim. U o‘rtoq menga “bilmayman” deb javob berdi, “O‘sha yerga borib sanatoriya mudiri o‘rtoq Nazarov bilan gaplashing” dedi. U yerga borgan vaqtimda o‘zbeklardan 5-6 gina kishi bor edi. Kasallarning 60 prosenti o‘zbeklardan bo‘lsin deb xalq komissarlar sovetining qarori bor ekan. U qaror bu yil ham (chunonchi may oyida) bajarilgani yo‘q. O‘tgan mavsumda kasallar sanatoriyadan, ayniqsa, ovqatdan nolir edilar. Bu yil ovqat uchun belgilangan pul orttirilgan bo‘lmasa-da, sanatoriyaning xo‘jalik qismida yangilanish bo‘ldi. Natijada ovqatlarning ancha yaxshilanganini aytdilar. Hozir kasallardan noligan kishiga uchramadim. Shunday bo‘lsa ham sanatoriyaning kamchiliklari bor, ularni O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash xalq komissarligi tashabbus ko‘rsatsagina yo‘q qilish mumkin. Har holda O‘zbekiston markaziy uyushmalari bu ishga jiddiy qarashlari darkor. Ko‘lagada qolg‘anlar to‘g‘risida Bizning adabiyot sohasida, taassufga qarshi, ko‘lagada qolib ketgan – to‘g‘risi ko‘lagada qoldirilib kelgan! – bir toifa bor. Bir chekasi o‘zim ham shu toifaga mansub bo‘lganimdan shu toifaning ahvolini ko‘pchilikka bildirib o‘tay dedim. Yo‘qsa, u toifa allakimlar tomonidan – ataylabmi, yo beparvolik natijasidami? – haligacha ko‘lagada qoldirilib keladi. U “allakim”larning bu g‘alati qilmishlari bir sistemaga aylanib borayotir. Shu uchun ham tovush chiqarib “qorovul” deb qo‘yish lozim, zarur! Men – sho‘rlik tarjimonlar, adabiy tarjimonlar, sahna tarjimonlari to‘g‘risida gapirmakchiman. Agar adabiy tarjima ishi o‘sha allakimlarning o‘ylaganiday, oson va yengil bo‘lsaydi, indamasak ham bo‘lardi. Faqat, yaqinda bir darslik uchun ba’zi narsalar tarjima qilishg‘a to‘g‘ri keldi. O‘shanda qanday qiynalg‘animni o‘zim bilaman, ham o‘sha tarjima qiling‘an material biladi! Bizning bu go‘zal va buyuk vatanimizda 17 yildan beri shunday bir qonun hukum suradiki, har kim ishiga yarasha, mehnatiga, urunishiga loyiq mukofot oladi, taqdir qozonadi. Ammo, haligi ko‘lagada qolg‘an sho‘rliklar shu ne’matdan, odam bolalari tarixidagi eng buyuk va haqli inqilobning mevalaridan to‘la foydalanib keladilarmi? – Yo‘q! Shu “yo‘q” sababidan men bu satrlarni qoralab o‘lturibman. “Quruq gap quloqqa yoqmaydi”, desangiz, mana faktlar, o‘jar va qaysar faktlar. Kechagina sevimli Akademik teatrimizning rejissori o‘rtoq Vittning “Revizor” qo‘yulishi to‘g‘risida musohabasini o‘qidingiz. Boshidan-oyoq diqqat bilan o‘qub chiqsangiz sizda shunday bir ta’sir hosil bo‘ladiki, bu buyuk o‘lmas asarni ulug‘ Gogol o‘zbek tilida yozgan-da o‘rtoq Vitt tayyor piyesani sahnaga qo‘yayotir! Faqat, haqiqat unday emas-ku. Uni Gogol rus tilida yozgan. Rus tilidan ukraina tiliga (bir-biriga yaqin bir tilga) ag‘darilg‘an vaqtda ham (“tarjima” deb atalib) tarjimonning nomi har yerda ko‘rsatiladi. Ayniqsa shunday asarni qo‘yuchi katta kishi san’atkor musohaba bergan vaqtida tarjima to‘g‘risida so‘z bo‘lmasligi mumkin emas. Faqat bizning teatrlarda bizning hurmatli san’atkorlarimiz shu to‘g‘rida, nechikdir, “past xotir, unutuchan” bo‘ladilar. Aksari liboschiga qadar unutmasdan reklam qilg‘anlari holda shu qadar boy va ishlangan tillardan ancha kambag‘al va hali ishlanib yetmagan tillarga tarjima qilg‘anlarni darrov unuta qoladilar. Bularning bu unutishlari eski madrasa mudarrislarining “lashay” (hech narsa)larini eslatadi… Gazetalarimizni batartib o‘qub borganlar bu unutqoqliq “odati”ning ko‘p-ko‘p sahna asarlari, ko‘p-ko‘p rejissur va qo‘yuchilarda bor bir kasal bo‘lganini yaxshi biladilar. Men shu “Revizor” tarjimasi to‘g‘risida bir kun o‘rtoq Vitt bilan bir-ikki og‘iz gaplashib edim (tarjima Sanjar o‘rtoqniki). Tarjimaning ba’zi joylaridan norozi bo‘lib gapiradi. Demak, tarjima to‘g‘risida (yolg‘iz kamchiligini olib bo‘lsa hamki) gapirish uchun asos bor edi. Buni o‘rtoq Vitt bilmas edi desak, albatta xato bo‘ladi. Asarning tilidan hech narsa bilmagan odam uni sahnaga qo‘ya oladimi? Yo‘q! Shu holda o‘rtoq Vittni unutqoqliqdan boshqa narsada ayblab bo‘lmaydi. Men demak istaymanki, bu ham kichik ayb emas. Teatr afishasida (e’loni) boshqa masala. Mayli, unda faqat qo‘yuchi bilan administrator va g‘ayri-g‘ayrilar ko‘rina bersin (garchand bu ham qonuniy emas!) Lekin jiddiy asarning jiddiy qo‘yilishi to‘g‘risida jiddiy san’atkor tomonidan jiddiy so‘z ketayotganda oxirga qadar jiddiy bo‘lish kerak! Hanri Barbyusni bilmagan kim bor? Sotsialistik inqilobning va sotsialistik vatanimizning bu olamshumul buyuk mudofaachisi “O‘t” (olov) nomli bir roman yozgan. Uni bizning davlat nashriyotimiz bostirib chiqardi. Aslida fransuzcha yozilib ruscha orqali o‘zbekchaga tarjima etilgan bu asarning o‘zbekchasidan tarjimon ismini axtarsangiz ancha ovora bo‘lasiz. Umidsizlanmasdan varaqlay bersangiz asarning tiraji va zakaz no‘meri yozilgan joyda juda kichik (ajinaday!) harf bilan qatorasig‘a uch unvon o‘qiysiz: mas’ul muharrir, texnika muharriri, so‘ngra… tarjimon. Shu yerga yetganda siz bilasizki, asarning tarjimoni BUYUK o‘rtoq ekan. Balki BUYUKning tarjimasida ko‘p kamchiliklar bordir. Shunday bo‘lgani taqdirda ham uni bir burchakka berkitib o‘tush lozimmi? Nega yozuvchining yoni-beriga joylashtirib, so‘ngra shunga yarasha u tanqid qilinmasin? Bu “dardni yashirish” emasmi? Mirzakalon o‘rtoq Tolstoyning katta bir asarini tarjima qilib chiqdi. Asar bosildi, sotildi. Mirzakalonning yana boshqa katta tarjimalari bor. Nima uchun o‘sha tarjimalar, ularning tili, uslublari to‘g‘risida yaxshi tekshirishlar, tanqidlar, taqrizlar yo‘q? Shekspirning “Hamlet”ini aytib ham o‘lturmaylik… Xullas, nashriyotlarda o‘lturgan allakimlar yozuvchi bilan texnika muharrirlarini; teatrlarda o‘lturgan allakimlar yozuvchini, o‘zlarini, administrator va liboschini biladilar. Ikkisi ham o‘ylaydiki, o‘z ishlarida shundan boshqa aralashuchi yo‘q. Bu agar faqat unutuchanlik natijasi esa, demak, unutuchanlik bir kasalga aylanib boradi. Sovet adabiyoti va sahnasi turli kasallar bilan kurashib va yengib kelgan, buni ham yengib tashlashga gumonimiz yo‘q. Ko‘lagada qolg‘onlar to‘g‘risida Bizning adabiyot sohasida, taassufga qarshi, ko‘lagada qolib ketgan; to‘g‘risi, ko‘lagada qoldirilib kelgan — bir toifa bor. Bir chekkasi o‘zim ham shu toifaga mansub bo‘lganimdan shu toifaning ahvolini ko‘pchilikka bildirib o‘tay dedim. Yo‘qsa, u toifa allakimlar tomonidan — ataylabmi, yo beparvolik natijasidami — haligacha ko‘lagada qoldirilib keladi. U «allakim»larning bu g‘alati qilmishlari, bir sistemaga aylanib borayotir. Shu uchun ham tovush chiqarib «qorovul» deb qo‘yish lozim, zarur! Men — sho‘rlik tarjimonlar, adabiy tarjimonlar, sahna tarjimonlari to‘g‘risida gapirmoqchiman. Agar adabiy tarjima ishi o‘sha allakimlarning o‘ylaganiday, oson va yengil bo‘lsaydi, indamasak ham bo‘lardi. Faqat yaqinda bir darslik uchun ba’zi narsalar, tarjima qilishga to‘g‘ri keladi. O‘shanda qanday qiynalg‘onimni o‘zim bilaman, ham o‘sha tarjima qiling‘on material biladi! Bizning bu go‘zal va buyuk vatanimizda 17 yildan beri shunday bir qonun hukm suradiki, har kim ishiga yarasha, mehnatiga, urinishiga loyiq mukofot oladi, taqdir qozonadi. Ammo, haligi ko‘lagada qolg‘on sho‘rliklar shu ne’matdan, odam bolalari tarixidagi eng buyuk va haqli inqilobning mevalaridan; to‘la foydalanib keladilarmi? — Yo‘q! Shu «yo‘q» sababidan men bu satrlarni qoralab o‘lturibman. «Quruq gap quloqqa yoqmaydi», desangiz, mana faktlar, o‘jar va qaysar faktlar: Kechagina sevimli Akademik teatrimizning rejissuri o‘rtoq Vittning «Revizor» qo‘yilishi to‘g‘risida musohabasini o‘qidingiz. Boshidan-oyoq diqqat bilan o‘qib chiqsangiz sizda shunday bir ta’sir hosil bo‘ladiki, bu buyuk o‘lmas asarni ulug‘ Gogol o‘zbek tilida yozganda o‘rtoq Vitt tayyor piyesani sahnag‘a qo‘yayotir! Faqat, haqiqat unday emas-ku. Uni Gogol rus tilida yozgan. Rus tilidan ukraina tiliga (bir-biriga yaqin bir tilga) ag‘darilg‘on vaqtda ham «tarjima» deb atalib tarjimonning nomi har yerda ko‘rsatiladi. Ayniqsa shunday asarni qo‘yuvchi katta kishi san’atkor musohaba bergan vaqtida tarjima to‘g‘risida, so‘z bo‘lmasligi mumkin emas. Faqat bizning teatrlarda bizning hurmatli san’atkorlarimiz shu to‘g‘rida, nechikdir, «past xotir, unutuvchan» bo‘ladilar. Aksari liboschig‘a qadar unutmasdan reklam qilg‘onlari holda shu qadar boy va ishlangan tillardan ancha kambag‘al va hali ishlanib yetmagan tillarga tarjima qilg‘onlarni darrov unuta qoladilar. Bularning bu unutishlari eski madrasa mudarrislarining «lashay» (hech narsa) larini eslatadi… Gazetalarimizni batartib o‘qub borg‘onlar bu unutqoqlik «odati»ning ko‘p-ko‘p sahna asarlari, ko‘p-ko‘p rejissur va qo‘yuvchilarda bor bir kasal bo‘lganini yaxshi biladilar. Men shu «Revizor» tarjimasi to‘g‘risida bir kun o‘rtoq Vitt bilan bir-ikki og‘iz gaplashib edim. (Tarjima Sanjar o‘rtoqniki.) Tarjimaning ba’zi joylaridan norozi bo‘lib gapiradi. Demak, tarjima to‘g‘risida (yolg‘iz kamchiligini olib bo‘lsa hamki) gapirish uchun asos bor edi. Buni o‘rtoq Vitt bilmas edi desak, albatta xato bo‘ladi. Asarning tilidan hech narsa bilmagan odam uni sahnaga qo‘ya oladimi? Yo‘q! Shu holda o‘rtoq Vittni unutqoqlikdan boshqa narsada ayblab yo‘lmaydi. Men demak istaymanki, bu ham kichik ayb emas. Teatr afishasida (e’loni) boshqa masala. Mayli, unda faqat qo‘yuvchi bilan administrator va g‘ayri-g‘ayrilar ko‘rina bersin (garchand bu ham qonuniy emas!) Lekin jiddiy asarning jiddiy qo‘yilishi to‘g‘risida jiddiy san’atkor tomonidan jiddiy so‘z ketayotganda oxirga qadar jiddiy bo‘lish kerak! Hanri Barbyusni bilmagan kim bor? Sotsialistik nnqilobning va sotsialistik vatanimizning bu olamshumul buyuk mudofaachisi «O‘t» (olov) nomli bir roman yozgan. Uni bizning davlat nashriyotimiz bostirib chiqardi. Aslida fransuzcha yozilib ruscha orqali o‘zbekchaga tarjima etilgan bu asarning o‘zbekchasidai tarjimon ismini axtarsangiz ancha ovora bo‘lasiz. Umidsizlanmasdan varaqlay bersangiz asarning tiraji va zakaz no‘meri yozilgan joyda juda kichik (ajinaday) harf bilan qatorasiga uch unvon o‘qiysiz — mas’ul muharrir, texnika muharriri, so‘ngra… tarjimon. Shu yerga yetganda siz bilasizki, asarning tarjimoni Buyuk o‘rtoq ekan. Balki Buyukning tarjimasida ko‘p kamchiliklar bordir. Shunday, bo‘lgani taqdirda ham uni bir burchakka berkitib o‘tish lozimmi? Nega yozuvchining yoni-beriga joylashtirib, so‘ngra shunga yarasha u tanqid qilinmasin? Bu «dardni yashirish» emasmi? Mirzakalon o‘rtoq Tolstoyning katta bir asarinn tarjima qilib chiqdi. Asar bosildi, sotildi. Mirzakalonning yana boshqa katta tarjimalari bor. Nima uchun o‘sha tarjimalar, ularning tili, uslublari to‘g‘risida yaxshi tekshirishlar, tanqidlar, taqrizlar yo‘q? Shekspirning «Hamlet»ini aytib ham o‘lturmaylik… Xullas, nashriyotlarda o‘lturgan allakimlar yozuvchi bilan texnika muharrirlarini; teatrlarda o‘lturgan allakimlar yozuvchini, o‘zlarini, administrator va liboschini biladilar. Ikkisi ham o‘ylaydiki o‘z ishlarida shundan boshqa aralashuvchi yo‘q. Bu agar faqat unutuvchanlik natijasi esa, demak, unutuvchanlik bir kasalga atslanib boradi. Sovet adabiyoti va sahnasi turli kasallar bilan kurashib va yengib kelgan, buni ham yengib tashlashga gumonimiz yo‘q. Ko‘zi qotqan do‘qtur Bizning xarobaliqdan zorlanub yig‘lag‘an “Haqulobod” rayonidagi yirtiq to‘nlik mehnatkashlar uchun uyaz hukumatlarimiz “Haqulobod” qishlog‘ig‘a kichkina bir “Ambulatoriya”ni munosib ko‘rub, bir rus do‘qturi va pichrlari bilan yuborg‘an edi. Mehnatkashlar endi turlik-turlik kasalliklaridan osonliq bilan qutular ekan, deb xiyla suyungan edik. Ammo keyingi kunlarda “lekini” chiqib qoldi. Do‘qturning… talab qiladurg‘an nafslariga mehnatkashlarning olub kelgan tuhfalari muhtaram do‘qturni xiyla semirtirkan shekillik, yaqinda bir o‘yuni ma’lum bo‘lub qoldi. Davolanish uchun do‘qturning oldig‘a borg‘an ishonchlik bir mehnatkashning so‘ziga qarag‘anda, ushbu 2 nchi iyulda do‘qturning kasal ko‘radurg‘an “xos” xonasining oldida bir muncha erkak-xotun har kunidek navbat kutmakda ekan. Bu kishi ham eng orqada navbat kutub turgan, bir vaqt bir xotunning navbati kelib ichkariga kirib ikki minut o‘tmay shoshilgan holda o‘pkasi og‘zig‘a tiqilib chiqqanda qochqan. Muni ko‘rub hamma hayron… Ikkinchi safar kirgan xotun ham shu xilda: “Dorung boshingni yesin! Sen bilan hazillashkali kelganmanmi?! Yer yutkur o‘rus!” deb qarg‘ab, chiqib ketkan. Bu xilda xotunlarning bezanglashidan haligi kishi sekin ogohlansa, ish munday ekan: do‘qtur afandi xotunlar kirgan vaqtda eng avval: – Sening kasaling mana bu yerda ekan” deb xotunlarning badaniga sovuq qo‘lini tekizar ekan. Muni bilgan mehnatkashlar: – Do‘qturning bu “hunari”dan duoxonlarimizning o‘qub tuzatishlari ham yaxshi ekan, deb ixloslari qaytmoqdadur. Ko‘zingga qara, amaldor! Oyimqishloq bo‘lusi Toshloq degan qishloqda Boybobo boybachcha degan kishi mehmonxonasida sheriklari bilan xo‘b ichkilik ichkandan keyin mast holida ko‘chaga chiqib, shovqun-suron bilan xalqni besaranjom qilg‘an. O‘z qo‘l ostida shundoq to‘palanglar bo‘lg‘ani holda mahalliy hukumat munga qarshi kerakli choralarni ko‘rmagan. Ijroqo‘m bu to‘g‘rida xabar olg‘andan keyin ko‘chada mastlik qilib xalqni besaranjom qilg‘an boybachchaga 300 so‘m jarima solishqa va shu voqeaga sust qarag‘ani uchun Oyimqishloq bo‘lus ijroqo‘mi raisi Quvvatboy o‘g‘lini 5 kun qamatmoqqa qaror berdi. Mastlik qilib ko‘cha-ko‘yda xalqning tinchlig‘ini buzg‘anlar qonun bo‘yincha jazo tortishqa tegishlar. So‘ng vaqtda markaz hukumat tarafidan chiqarilg‘an bir dekret bo‘yincha mastlik orqasida ko‘cha-ko‘yda to‘palang qilmasdan, ko‘chada mast holda ko‘runganlar ham jazo ko‘rishga tegishlar. Ijroqo‘mimiz Oyimqishloqdag‘i bir mastga, u mastga sovuq qarag‘an amaldorga adab berdi. Bu yaxshilikni shaharning o‘zida, kuppa-kunduz odam ko‘b joyda anchagina mas’ul ishdagi o‘rtoqlar taytanglab, mast holda gapirib, xalq qoshida hukumatning e’tiborini tushurushga sabab bo‘ladurlar. Undoq hollarni militsiya ko‘rmaydur. O‘shanday odamlar, balki, o‘zlari militsiyaga qarashliq bo‘lurlar… Munga yaxshilab diqqat qilinmaydur. Agar o‘tkurroq ko‘z bilan, astaydil qaralg‘an vaqtda bizning ko‘zimizga ilashgan suratlar hukumat mahkamalarining ko‘ziga ham ilashib qolar edi. Madrasalarimiz ahvoli Andijonda Mahmud dasturxonchini(ng) madrasida turg‘uchi bir necha nafar axmoq, buzuq, yomon mullolar bir yaxshi pok mullani madrasada zo‘rlik qilib chiqaribdurlar. Bechoraning gunohi bachabozlikdan man’ qilishi ekan: So‘ngra bechora to‘g‘ri muallo (janob inspekto‘r to‘rag‘a) arz qilibtur: Inspekto‘r to‘ra mazkur ishni haqiqat qilmoqqa madrasaga borib po‘lisiya bilan xujrag‘a kirib kitoblarni ko‘rub turulg‘an holda bir to‘nga boshchilikda bachalarg‘a solub o‘ynaladurg‘an (kokil) topibdurlar. Bul ishda ko‘p norizo bo‘lub janob domullani inspekto‘rg‘a yuboribdurlar! Ana mullolarni ahvoli. Mahkamalarni tubjoylashtirish Sho‘ro mahkamalarining ishlarini tubjoy xalq tilida yurgizish masalasi bu yerda ham amaliy rang olub boradur. Muzofot inqilobiy qo‘mitasining buyrug‘i chiqqandan so‘ng Andijon shahar va uyez inqilobiy qo‘mtasining birinchi o‘ktabr majlisida bu masalaga qaraldi. Ijroqo‘m a’zolari muzofot markazining bu qarorini chin ko‘ngildan olqishlab qarshi oldilar. Ul qarorni hech bir nari-beri qilmasdan yuzaga chiqarishqa qaror berildi. Uyezning olish mahkumiga darhol tegishlik buyruqlar yuborildi. Qarorni hammadan burun inqilob qo‘mitasi o‘zi yuzaga chiqardi. Yozish-chizish ishlarini bilaturg‘an yigitlarimiz darhol ishga tortilub, inqilob qo‘mitasining ishlari o‘zbekcha yurmakga boshladi. Hozir uning hamma ishlari degundek o‘zbekcha yuradur, ruscha bo‘lagi ozgina qoldi. Shahar xo‘jaligi shoʻbasi (komunalni otdel) ham yosh yigitlarimizdan bir nechtasini mag‘hkamasiga olub, o‘zbekcha ish yuritishga qadam qo‘ydi. Lokin, uning ishlari xali ko‘prak o‘ruscha yuradur. Yaxshiroq harakat qiling‘anda, tez fursatda, unda ham ishlar tubjoylashsa kerak. Endi, navbat, maorif nazorati, yer-suv va moliya shoʻbalariga yetib qoldi. Ular aynuqsa, moliya shoʻbasi qancha qiyin bo‘lsa ham ishlarini tubjoylashtirishka tegish. Nimaga desangiz, shaharning butun qon tomiri, jon tomiri uning qo‘lida bo‘lub, yerlik xalqning butun ishi ham kelib tushadur. Maktab imtihonlari to‘g‘risida Eski Toshkent maktablarida imtihon boshlandi. Imtihonning umumiy natijasi to‘g‘risida hali tugal ma’lumot oling‘ani yo‘q, shunday bo‘lsa-da uning bir necha kunlik ta’siroti – ko‘b yaxshi va quvonchliqdir. Har maktabning imtihoni, o‘qug‘uchi bolalarning otalari va yaqin qarindoshlaridan boshqa, mahalla-ko‘ydan ham aholini ko‘pgina jalb etmakdadir. Imtihon yaxshi bo‘lg‘andan keyin, otalarg‘a, qavm-qarindosh va mahalla-ko‘yga, albatta, yaxshi ta’sir etar. Bu ta’sirning natijasida tabiiy, xalq bilan maktab, yana ochig‘roq qilib aytganda bilim olg‘uchi bilan bilimni berguvchi orasida issig‘liq, samimiyat hosil bo‘lur. Xalq maktabga issig‘ ko‘z va ishonch bilan, cho‘chimasdan qaray boshladimi, maktabning muvaffaqiyati ta’min etildi, demakdir. Bunda “ishonch”ning vazifasi ulug‘dur. “Ishonmasliq” – buzg‘unliq va zavolning katta va muhim omilidir. Xalq maktabdan bir narsa chiqishig‘a mahkam ishonmog‘in kerk. Bir narsa chiqmayturg‘an maktablar ishonmag‘an xalqni “zavolga mahkum degan “yangi olifta” (djentelmen) yigitlar”imiz noma’qul buzoqning go‘shtini yebdirlar… Xalq, ko‘bchilik qulog‘ bilan eshitib emas, ko‘z bilan ko‘rubgina ishonadir. Bu uning ruhiy holati, unga tan berish kerak. Shuning uchun-da xalqda bizning yangi maktablarimizga qarshi bir ishonch, bir iymon tug‘dirmoq kerak. Imtihonlarning bir necha kunlik ta’siridan, kelgusi o‘qush-o‘qutish ishimiz uchun chiqarg‘an natijalarimning bir muhim joyi-da shudir. Hali qiz maktablarimizning hammasida imtihon bo‘lub o‘tmagan. Faqat, 1-2 tasidagina bo‘lub, hozirda davom etmakdadir. Hammasini ko‘rmasdan turub tugal, to‘la va uzul-kesil bir narsa aytib bo‘lmaydir. Shunday bo‘lsa ham ishning boshlanishi imo qilmoqdadirkim, qiz maktablarimiz er maktablarimiz qatorida tekis keta olmag‘anlar, hatto ko‘pgina ketda qolg‘anlar. Buni hayotimizning umumiy vaziyatidan ko‘rmak xato bo‘lsa kerak. Negakim, qiz maktablarimiz erlarnikiga qarag‘anda ozroq bo‘lsalar ham, mavjudiyatlari vajhidan sira qolishqanlari yo‘q. Unlarga ham, umuman er maktablari qadar ahamiyat berilgan. U holda kasal qaydadir? Kasalni men bir nuqtada ko‘raman: qiz maktablarining ichki ketishlariga o‘tkur ko‘z bilan qaralmag‘an. Ya’ni: ta’lim hay’atini tallab qo‘yish, uning ma’lumotini ortdirish, uni – o‘zbek qizining ruhig‘a va ehtiyojig‘a fidokor qilib yetishdirish yo‘lida oz ishlangan. Bunga diqqat etilmagi kerak. Ham: imtihonning natijasi va undan oling‘an ta’sir o‘lka doirasida anglashilmog‘i va anglatdirilmog‘i lozim. Manim e’lonim Mahalladan, mahalladan va atrofdan menga, birgina menga har vaqt matbuot, maorif, sanoye’-nafisa va boshqa hisobsiz, sonsiz mas’alalarda murojaatnomalar, xatlar kelib turadir. Faqat men, bir men bu xususda turluk rasmiy va g‘ayrirasmiy bordi-keldilarni bilmaganligim uchun ko‘plariga ahamiyatsiz boqmoqqa majbur bo‘laman. Nima qilmoq kerak?… Xayr… Marhum Tavfiq Fikrat Usmonli adabiyotini oz-moz o‘quganlar, uning bilan bir daraja oshno bo‘lganlardan qaysi birisi bu ismni bilmaydi, qaysi birisi muni tanimaydi. Usmonlilarning «adabiyoti jadida» (yangi adabiyot)chilarining pir va ustozi bo‘lgan Tavfiq Fikratbek butun yangi nasl turklarning yuraklarina go‘zal, nafis va latif she’r buketlari qadamishdir. Uning keng xayoli ravon (tez) va yengil ifodasi kimni, qaysi bir she’r va adabiyot muhibini tasxir etmas? Xususan uning «Rubobi shikasta» (siniq dutor)si, undagi baland va latif yo‘llar naqadar jozibali va zavqli narsalardir! Tavfiq Fikrat «Rubobi shikasta»si ila qancha tanilgan bo‘lsa, uning ila qancha nafosat suyuvchilarni o‘ziga maftun etgan bo‘lsa, «Tarixi qadim»i, u dahshatli faryodi ila odamlarning qalbinda buyuk-buyuk o‘zgarishlar vujudga keltirmishdir. «Tarixi qadim» «Rubobi shikasta»day emasdir: «Rubobi shikasta» dunyo ko‘rmishdir, matba’da temirlar orasinda qisilmish, qog‘oz betlarinda necha ming nusxa bosilmishdir. Lokin, «Tarixi qadim» mahfiydir, qo‘ldan qo‘lga ko‘chirilub, yozilub yurgiziladurgan narsadir. U tarixning jinoyatlari kabi sirlidir, har kimga «mana men!» deb ko‘runa bermas. Uni bosdirish mumkin bo‘lmadi. U oliy fikrlar bechora Sharqning ko‘hna, chirik miyasiga sig‘madi; zabun, ezilgan sharqlining keng qalbinda joy topa olmadi; bir vaqtlar. Umar Hayyomning eng achchig‘ va dahshatli fikrlariga maydon bergan Sharq muhiti, asorat va qullik ostinda shu qadar ezilmishdirki, buni, bu qiymatli asarni o‘ziga sig‘dira olmadi… Ehtimol, endi Sharqning chetlar sultonidan qutulub haqiqiy inqilobga yaqinlashub kelayotgan vaqtlarida buyuk shoirning ulug‘ fiklari dunyo yuzi(ni) ko‘rsa… Tavfiq Fikratbek o‘zining bu buyuk ruhi ila, u: («Tarixi qadim») degan, qonga, zulmga, jinoyatga qarshi ko‘purgan joni ila — bu jinoyat uyasi bo‘lgan «eski dunyo»da zo‘rg‘a-zo‘rg‘a toqat qilub chidab turdi. Oxirda, u necha milio‘n gunohsiz jonlarni yutub, ko‘b mamlakatlarni vayron qilub kelgan «madaniyat urushi» (Ovrupo muhorabasi)dan so‘ng chiday olmadi; odamlar u vahshiy «hayvon»lar ichindan chiqdi. Istanbulning bir chekasida, bir ja’ra go‘shada 1—2 yil yolg‘iz boshiga darveshlarday umr o‘tkazdi. Oxirda Ovrupo «o‘lum mashinasi»ning eng tezlagan vahshat otashining eng qizig‘on bir vaqtida ketdi tinch, rohat dunyoga ketdi. Bu «vahshatobod»ni tark etdi. Endi uning qabri butun usmonli yoshlarning ziyoratgohidir. Dunyoning vahshatiga o‘ch, lekin o‘zi kabi darveshlardan biri, faylasuf do‘qtur Rizo Tavfiq uning qabrini ziyoratiga borub qabri ustinda aytadir: (bosilmagan asarlardan). FIKRATNING QABRINDA Deydilarki, essiz qolan tirbangda Vahshiy gullar ochmish, ko‘rmaya keldim; U bog‘ jannating hokina banda, Hasrat-la yuzimni surmaya keldim! Deydilarki, senga amal bog‘layan Qabringda diz cho‘kub bir dam og‘layon Bir murod o‘lurmish, banda bir zamon Og‘layub muroda ermaya keldim! Shu hijron yilining so‘ng bahorinda Cholalar titragan chamanzorinda Kun bug‘mazdi banda mozoringda, Motam chechaklari dermaya keldim! Seni ongdim butun g‘am chekanlar-la Ishq haq o‘g‘rinda yosh do‘kanlar-la Sorig‘incha vayron shu deganlar-la Toshingga bir chalang urmaya keldim! Yoding o‘lum kabi bir sir mubham Nash’a shu dolli bu his ism. Ruhimda na fusun aylading ilhom Bu kun senga ko‘ngul vermaya keldim! Shunday qilib, ulug‘ bir shoir dunyodan ketdi. Uni bilganlar yig‘lab qoldilar, bilmaganlar — yana ilgariday. Dunyoning vahshatlari bo‘lsa yana hamon davom etmakda, mazlumlar inqilobigina nihoyat bermasa boshqa majot ko‘rilmaydir. Rohat, mas’ud yot qabringda ey ulug‘ pir!.. Markaziy mas’ala Markaz «xabarlari» (Izvesti)da o‘rtoq Stiklo‘f sarlavha bilan bosh maqola yozib, sanoat va qishloq xo‘jaligini ko‘tarish masalasining ahamiyatidan so‘z qiladir. O‘rtoq Stiklo‘f fikricha: «Bu ikki masalaning bir biriga o‘zaro juda zo‘r aloqasi bor. Agarda qishloqv xhjaligining ko‘tarilishi sanoatimizning yo‘lga qo‘yilishi va borg‘an sara kengayib borishi uchun eng muhim bir shart bo‘laturg‘an bo‘lsa, sanoatni tuzukgina yo‘lga qo‘ymasdan turub, qishloq xo‘jaligidagi mahsulot kuchining yuksalishidan ham gapirib bo‘lmaydi». Boshqa bir ta’bir bilan aytsak, bu ikalasi katta bir asosiy masalamizning ikki shoxi, ikki tomonga ayrilib ketgan ikki butog‘idan iboratdir. Endi bu eng muhimning qaysisi yana ham muhimrak? degan bir so‘roq keladir. Bu so‘roqqa o‘rtoq Stiklo‘f: «Birinchi navbatda sanoat masalasi turadur», deb javob beradur va shundan so‘ng bu javobning sabablartiga ko‘chub aytadir: «Durust, sanoat ham, qishloq xo‘jaligi ham sho‘rolar xo‘jaligining tamoyilidir. Lekin sanoat mehnatashlari hokimiyati (diktatura-proletariata)ning asosi bo‘lishi vajhidan narigidan ko‘ra ortiqroqdir. Shuning uchun uning tezlik bilan yo‘lga qo‘yilishi va borg‘an sari o‘sub borishi asalasi mehnatkashlar hokimiyatini mahkamlash masalasi o‘laroq qarshimizga chiqadirda, bizdan yechilish (hal qilish)ni kutadir». Durust, masalaning ahamiyati zo‘r. Bu bizning markaziy masalamiz. Buni halq qilmoq kerak deb hammamiz aytamiz. Bu holda oraga yana bir masala kelib chiqadur. U da: mablag‘ masalasi. Sanoat mamlakatning jon tomiri. U juda keng va zo‘r narsa. Unga kuch quvvat, ulgurji ulgurji mablag‘ kerak. Anashul mablag‘ni qanday olamiz? Sanoat uchun zarur mablag‘ning bir mir sanbai bormi? U manba nimadan iboratdir. Bu choqqacha o‘rtoq Stiklo‘f aytganidek: «Sanoat saqlash qisman yo‘lga qo‘yish uchun keraklik mablag‘ qishloq xalqidan dehqonlardan olinaturg‘an soliqlardan chiqarilur edi, avvallari bu hol tabiiy sanalg‘an. Negakim, o‘zlik ellarga cho‘zulg‘an urushlarda bir daraja saqlanib qolg‘an va o‘zini tezroq o‘nglab olaturg‘an bir boyligimiz bo‘lsa, u ham shu qishloq xo‘jaligi edi. Shuning uchun qishloq sanoatni tuzatish yo‘lida shu choqqacha qurbon berib keldi. Lekin bu usulni «ha» deb cho‘za berish, dam yurgiza berishmumkin emas. Endi boshqa manbalar ham qarab topish kerak. Boshqa manbalar yo‘q bor,bizga, faqat. Shulardan foydalanishgina kerak. U manbalar qaysilar? Ul manbalarning bir qismini hukumat muassasalari ayniqsa, moliya idoralari tolpishlari kerak. Moliya idoralari o‘z ishlarini shunday yo‘lga qo‘ysunlarkim, ularga kiraturg‘an kirimlardan bir qismi mutloq sanoatning yuksalishi uchun sarf etilub «shuning bilan barobar sanoat idoralarimiz uo‘lari ham shu choqqacha bo‘lub kelgan zarar qilish» yo‘lidan chiqib, foyda qilish va yo‘l foydalarini sanoatning yuksalishi uchun ishlatish yo‘lga kirsinlar». Bu to‘g‘risida so‘ngi umumiy rusiya firqa qurultoyining chizg‘an chiziqldari ko‘rsatkan yo‘llari bor. Bizga, bizning yo‘l moliya idoralarimiz va sanoat muassalarimizga, shul chiziqlar va yo‘llarni puxtalik bilan, natijalik ravishda amalga qo‘ymoq vazifasigina tushadir. Markaziy truppamiz Farg‘onaga keladur Farg‘ona mehnatkash ommasini o‘zbek teatrining bu kungi darajasi bilan tanishdirmak maqsadida Samarqanddagi Markaziy o‘zbek davlat truppasi Farg‘onaga chiqmoqchi bo‘ldi. Safarga truppaning hamma akto‘r va aktrisalari, cholg‘uchilar hay’ati, muallim va rahbarlari, dekaratsiya, kiyim va boshqa hamma asboblari bilan birga chiqadurlar. Truppaning taxminiy rejasi bo‘yicha, o‘yin mana bu shaharlarda quyidag‘i vaqtlarda bo‘linadur: Qo‘qonda 1 nchidan 11 nchi sentabrgacha, Namanganda 12 nchidan 18 nchi sentabrgacha, Andijonda 19 nchi sentabrdan 29 nchi sentabrgacha, Marg‘ilonda 30 nchi sentabrdan 6 nchi o‘ktabrgacha, Farg‘onada 6 nchi o‘ktabrdan 12 nchi o‘ktabrgacha. Undan keyin truppa Samarqandga qaytadi. Truppaning safarga olib chiqadurg‘an asarlari (repertuari) mana bulardan iborat bo‘ladur: “Malikai Turondot”, “Hujum”, “Farhod va Shirin” (butunlay yangi asosda tayyorlanadi), “Yorqinoy”, “Arslon”, “Halima” (Farg‘onada qo‘yilmag‘an tarzda), “Ikki boyg‘a bir qarol”. Bular yuqoridag‘i shaharlarning sahna imkonlarig‘a har holda to‘g‘ri keladi. Ammo, viloyatlarning sahna imkoniyatlarig‘a sig‘may qolishi ehtimol bo‘lg‘an “O‘sish” va “Zag‘muq” pyessalari qo‘r bo‘lib saqlanadi va ularni qo‘yg‘unday sahnasi bor joylarda, lozim bo‘lsa qo‘yiladi. Yaqindag‘ina Maskvadan kelib katta yutuqlar bilan O‘rta Osiyoni aylanib ketgan “Maskav inqilob teatri” o‘zining moddiy va ma’naviy yutuqlarini mahalliy kasaba tashkilotlari va oqartish muassasalarining ko‘magi bilan qozong‘an edi; buni teatrning rahbarlari mahalliy matbuotda qayd qilib o‘tdilar. Ayniqsa ularga matbuotning yordami katta bo‘ldi (Toshkentda). Markaziy davlat truppasi ham bu safarida o‘z asarlarini ko‘prak, uyushqan tomoshachig‘a – kasaba a’zolarig‘a, firqalilar va kamsamo‘llarga ko‘rsatmakchi; qo‘yg‘an asarlari to‘g‘risida boshlicha mehnatkash ommasining fikrini eshitmakchi, bu yo‘lda truppa qo‘lidan kelgan tadbirlarni qilsa kerak. U tomondan mahallardagi kasaba tashkilotlari bilan oqartish muassasalari ham harakat qilib, truppani mehnatkash ommaning o‘ziga yaqinlashdirish uchun bu kundan boshlab ba’zi bir choralarni ko‘ra boshlasalar yaxshi bo‘lur edi. Zotan Andijon kasaba tashkilotlari bilan oqartish idoralari va Namangan maorif idorasi truppani rasman chaqirib markazga murojaat qildilar. Ular albatta da’vatga ijobat bo‘lg‘andan keyin, bo‘yinlarig‘a tushgan vazifalarni yaxshi bilarlar. Biz, demak aytamizkim, o‘sha vazifalar truppani rasman chaqirmag‘an joylardag‘i tashkilotlarning bo‘yinlarida ham bor. Chunki nafis san’at so‘ng vaqtlarda firqa va sho‘rolarning jiddiy ahamiyat bergan madaniy bir ishlari bo‘lib ketadi. Truppa butun kuchni vagonga yuklab, eng yaxshi narsalarini olib, mehnatkash tomoshachini izlab boradi. Haqiqiy nafis san’atga chanqag‘an mehnatkash tomoshachi ham, o‘z tashkiloti orqali, markaziy truppasini kutib olishqa tegishdur. Maskavda ikki turk san’atkori Bugungi Maskav ingichka san’ati yuksakligi jihatidan g‘arb poytaxtlarining hammasidan oldinda turadi. Uning «San’at teatri» (Xudojestvennny teatr) hozirgacha na yangi va na eski dunyodan o‘z juftini topa olg‘oni yo‘q. Ingichka san’atning yuksalishini maqsad qilib olib shu yo‘lda inqilobdan burun ham xolis va fidokorona cholishqon u tabarruk muassasa bugun o‘ziga qarashli bir nechta sho‘balari bilan birga yuksalishda davom qiladir. «San’at teatri» ko‘b to‘g‘rilarda faqat Rusiyadagi teatrlargagina emas, g‘arbdagi ingichka san’at muassasalariga ham ancha ta’sir qilg‘ondir. U ingichka san’atda tutqan yo‘li e’tibori bilan hali hozirga (qadar — D. Q.) yolg‘uz sanalib kelgan eski muassasalardandir. Ana o‘sha teatrning akturlaridan bir kuchli san’atkor — Vsevolod Meyerxo‘ld degan kishi inqilobdan so‘ng yangi bir teatr ta’sis qildi. O‘zining ismi bilan «Meyerxo‘ld teatri» deb yurgizilgan bu yangi muassasa ham san’atda tutqan yo‘li e’tibori bilan yana juftsiz va yolg‘uz sanalib keladir. Bu—chinakam inqilob teatri, uning har narsasi degundek yangi. Shu bilan birga u yangiliklar ham muqarrar o‘rnashmag‘on — «vaqtli» iarsalar. Shu uchun bu muassasani uqtirg‘on vaqtda «istash teatri», deb qo‘yadirlar, bu to‘g‘ri uqdirish: haqiqatan «Meyerxo‘ld teatri» har kunga, talabga qarab yangi yo‘l aqtaradir. Maskav hozir ingichka san’atda yangi-yangi yo‘llar aqtarguchi teatrlar bilan to‘lo‘g‘dir. U yillar va jarayonlar to‘g‘risida keyincha to‘laroq bir narsa yozishqa va’da berib maqsadga o‘taylik. Bugungi Maskavning san’at jarayonlarini tekshirmak va o‘rganmak uchun duyoning har tomonidan juda ko‘b san’atkorlar keladirlar. G‘arbdan va Muhit dengizining narigi qirg‘og‘idan kelganlar to‘g‘risida bir narsa yozish emas bir narsa o‘ylash ham qiyin: ular shu qadar ko‘b… Qizil chegara ichidagi turluk-tuman milliy sho‘ro jumhuriyatlaridan kelganlarning, albatta haddi-hisobi yo‘q. Bizning O‘zbekiston maorif kamisarligi ham bu yerda alohida bir «san’at-drama studiyasi» ochib 20 qadar yigit va qizchalarimizni kelgusi sahnamizga tayyorlab yotadir. Mundan boshqa kino‘ kursida va musiqi maktablarida o‘qug‘uchi yigitlarimiz bor. O‘zimizning istudiyamiz va umuman bugungi san’at bilimlarini o‘rganishimiz to‘g‘risida alohida gaplashishga to‘g‘ri keladir, muni kelgusi safarlarga qoldiraylik. Maskavning bugungi ingichka san’ati bilan tanishmak va undagi turluk-tuman yangi jarayonlarni o‘rganmak uchun uzoq-yaqindan kelganlar orasida Turkiyadan ham ikki san’atkori bor: biri—kino‘ va teatr rejisso‘r (mualim) laridan Erto‘g‘rul Muhsinbek, yana biri — kino‘ va teatr aktrisa (xotin tamsilchi)laridan Nayira Nayir xonimdir. «Maorif va o‘qitg‘uvchi» majmuasining yozg‘uchilaridan biri sifati bilan ularni ziyorat qildim, ular bilan qilgan musohabamning natijasini qisqag‘ina arz qilamen. Erto‘g‘rul Muhsinbek 1892 nchi yilda Istanbulda tug‘ilg‘on, Turkiyaning o‘zida o‘rta darajada tahsil ko‘rgandan keyin Parijga ketib, u yerda Fransiyaning va hatto dunyoning ulug‘ teatr olimlaridan bo‘lg‘on mashhur rejisso‘r Antuan qo‘l ostida 3 yil ishlagan. Undan keyin o‘sha domlasi Antuan bilan birga Istanbulga kelib «Dorilsadoye’ (oliy san’at maktabi) ni tashkil qilg‘on. Bu «Dorilbadoye’» degan muassasa Turkiya poytaxtining teatr-san’at hayotida ko‘b muhim o‘run olg‘on muassasadar. Turklarning o‘zlaridan (ayniqsa xotin-qizlardan) chinakam san’atkorlar ko‘paya boshlag‘on davr shu «Dorilbadoye’» davridir. Turkiyada so‘ng 10 yil orasida bosilgan teatr kitoblaridan ko‘pini ko‘rsangiz, birinchi yo ikkinchi betiga «bu asar Usmonli dorilbadoye’ san’atkorlari tomonidan birinchi marotaba tamsil qiling‘ondir», degan jumla yozilg‘on bo‘ladir. Muhsinbek Istanbulda shu yo‘l bilan 3 yil ishlaganidan keyin yana Ovrupoga ketadir. Bu safar Germaniyaning eng mashhur san’at uylaridan «Lessing» kino‘ teatrida 5 yil rejisso‘rlik (muallimlik) qiladir. Mundan bir-bir yarim yil burun O‘zbekistonning ko‘b shaharlarida qo‘yulub o‘tgan mashhur «Milyo‘nchi xotin» kartinasi o‘sha muassasaning hosili bo‘lub, Muhsinbekning rejisso‘rligi bilan o‘ynalg‘ondir. Undan boshqa Muhsinbekning rejisso‘rligi bilan chiqqan german kartinalaridan yana bittasi u «Qora lola» degani — bizning sho‘ra jumhuriyatlarida qo‘yulub o‘tgan. Uning rejissurligi bilan Girmaniyada tayyorlangan kartinalarining hammasi 15—16 ga yetadir. Girmaniyadan so‘ng Muhsinbek Asvach mamlakatiga boradir va u yerda biroz qolib kino‘chilikni tekshiradir. Undan keyin Muhsinbekning eng ko‘b ishlagan yeri yana Turkiya — Istanbuldir. Bu safar Istanbulda to‘rt yil qolib Turkiya kino‘chiligiga poydevor quradir. Istanbulda hammasi bo‘lub 10 tacha turk kartinalari hozirlag‘on. U kartinalardan biri mashhur turk adibasi Holida Adib xonimning «Otashdan gumlak» (Olovdan ko‘ylak) degan hikoyasidir. Uda Holida Adib . Turkiyaning so‘nggi istiqlol kurashlari davrini tasvir qiladir. Asarning bosh qahramonlaridan biri bo‘lg‘on Ehsonbek — Mustafo Kamolning kinoyali nusxasidir: ana o‘sha Ehsonbek ro‘lini Muhsinbek o‘ynaydir. U 10 kartinaning yana biri mashhur turk nasrchisi Ya’qub Qadribekning «Nurbobo» degan asaridir. Muhsinbek teatr-sahna uchun yozg‘on va o‘zgartirgan bir necha asar bor. Bizning Buxoro hayotidan olinib yozilg‘on bir asari hozir Istanbulda bosilib yotar ekan. Muhsinbek qo‘l ostida ishlagan turk sahnasi bizning o‘rus adiblari (ko‘proq klassiklari) tomonidan yozilg‘on shoh asarlarni ham ko‘b ko‘rgan. Shu uchun bo‘lsa kerak, Istanbulning san’atga «o‘yun va ko‘ngil ochish» dsb qarayturg‘on tabaqalari (obivatel xalq) uning tegrasiga yaqinlashmag‘on. Uning sahnasi chinakam san’at deganlar va ingichkalikni sevganlarning joyi bo‘lub qolg‘on. Muhsinbek sho‘rolar ittifoqining chinakam maorif va san’at boshlig‘i — rahbari o‘rtoq Lunacharskiy tomonidan Maskavga chaqirtirilg‘on. Bu yerda ingichka san’atning holini va unga berilgan favqulodda ahamiyatni ko‘rganidan keyin ham yshlamak va ham o‘rganmak maqsadi bilan Maskavda qoldi. Hozir bir tomondan «Davlat kino‘» ning kartina fabrikasida rejisso‘rlik qilmoqda ikkinchi tomondan, bu yerdagi inqilob yo‘lidagi teatrlarni tekshirmakdadir. Shu kunda, o‘zining gapiga qarag‘onda, hozirgi o‘rus yozg‘uchilaridan Tretyakufning «5 minut» degan (Amriqolilar turmushidan olinib yozilg‘on) asariga kino‘da rejisso‘rlik qilmoqdalar. Mundan boshqa o‘rtoq Lunacharskiyning bir asari va Fransiya adiblaridan Aleksandr Dushenning «Tamilla» degan asari ustida ham ishlab turadir. Muhsinbek Maskavga kelishidan juda xursand bo‘lg‘on, «san’at Germaniyada o‘lgan, Fransiyada harakatsiz, bugungi Rusiyaniki esa yer yuzida birinchi bo‘lub turadir» deydir. Bu fikrini bu yerdagi «O‘zbek dram istudiyasi» talablari bilan qilg‘on musobahasida ham aytib o‘tdi. Unga eng yoqqan teatr — Meyerxo‘ld teatridir, u teatr to‘g‘risida juda qiziqib gapiradir, uni «inqilob va istiqlol teatri, ertaning san’ati», deydir. Bizning dram istudiya talabalarimizni ham tamoman o‘sha teatrga borib ishlashga da’vat qildi. Sho‘rolar mamlakatidagi kino‘chilik ishlariga ham katta umidlar bilan qaraydir va «Yaxshi, — astoydil ishlansa 2—3 yil orasida kino‘chilikda ham sho‘rolar mamlakati birinchi bo‘lub ketadir», deydir. Bahor vaqtlarida bizning Samarqandimizni ham ziyorat qilmoq niyat bor. Biz ham O‘zbekiston ismidan da’vat qilg‘on bo‘ldiq… O‘zining asl ismi Munira Ayyub bo‘lg‘on san’atkor turk qizi sahnada Nayira Nayir nomi bilan tanilgandir. Istanbulda «Dorilmuallimot» ni bitirganidan keyin ikki yil qadar yana o‘sha Istanbuldagi «Amriqa qo‘lleji»da o‘qug‘on. 1922 nchi yilda birinchi marotaba «Istanbulda kino‘ sahnasiga chiqib, Holida adibning «Otashdan gumlak» degan asarida birinchi ro‘llardan onato‘li qiz Qazbonning ro‘lini o‘ynaydir (kino‘da). Undan keyin fransuzchadan o‘zgartirilgan «Qiz qulasi» degan asarda turk qizi Zaynab ro‘lini o‘ynaydir (yana kino‘da). Undan so‘ng 1923 nchi yilda birinchi marotaba teatr sahnasiga chiqib ulug‘ Shekspirning «Otello‘»sida Ameliya ro‘lini o‘ynaydir. Asl turk xotinlaridan birinchi marotaba sahiaga chiqqon ham shu Munira xonimdir. Undan burun turk sahnasidagi xotin-qiz ro‘llarini arman, rum va «qibti» qizlari o‘ynab kelganlar. Yaqinda Muhsinbekning da’vati bilan Maskavga kelib bu yerdagi teatr jarayonlarini o‘rganish ishiga kirishdi. Hozir mashhur o‘rus san’atkorlaridan Vaxtango‘f nomiga ochilg‘on san’at maktabida va ham Meyerxo‘ld teatrida ishlab turadir. Bizning o‘zbek xotin-qizlari bilan tanishmak va ularning hayotlarini ko‘rub-bilmak orzusi oldingi safda turg‘on bu sharq qizida albatta bor. Lokin muning qalbidagi orzularni bizning xotin-qizlarimiz ham saqlag‘on bo‘lsalar edi… Qani endi! Maskavdagi dramstudiyamiz «Er yuzi» jurnalining o‘quvchilariga nafis san’at muassasalarimizdan studiyani tanitish zarur; chunki, biz o‘rtoq Mo‘min Xo‘ja aytganday, ingichka san’atimizga bino qurish kunlaridamiz. Hozir bu yo‘lda nechta qadam qo‘ysak, har bir qadamimiz kelgusi zamonda ming marotabalar tekshirilib, saralanadir. Undan keyin: mening bu kichkina musobaham bilangina elni bu muassasaga tegishincha oshno qilolmaymiz. Chunki, yana o‘rtoq Mo‘min Ho‘ja aytganday «O‘zbek teatrining asosidir». Maskavdagi teatr jarayonlari bilan chala-chulpa tanishib chiqmoq uchun studiya talabalari 7—8 oy lektsiya eshitdilar. Yaqin kelgusida bizning teatrimiz ham o‘sha darajalarga qarab ancha yo‘l bosib qolar. O‘sha vaqtda bu kungi yozilg‘on har bir xat (satr) yozuv, ko‘p chigallarni yechishga yordam qilar. Studiya bundan ikki yil burun Maskavdagi «Stalin nomiga ochilg‘on o‘zbek bilim yurti» qoshida alohida studiya bo‘lib tashkil qiling‘on. Boshda unga Maskav davlat teatr maktabida o‘quvchi yigitlarimiz kirganlar; undan keyin o‘shal vaqtgacha sahnalarimizda o‘ynab kelgan atoqli san’atkorlarimiz kirganlar. Ularning orasida Toshkent bilan Buxoro va Farg‘onadan elga mashhur va maqbul bo‘lg‘on yigitlarimiz bo‘lg‘onlar. Xotin-qizlar hay’ati esa bizning tariximizda birinchi daf’a o‘laroq, o‘zbek qizlari bilan O‘zbekistonda tug‘ulib o‘sgan totor qizlaridan iborat bo‘ladir (keyingilardan faqat birgina kishi). Birinchi yilda studiyada ingichka san’atga oid birmuncha darslardan boshqa rus tili, ona tili va ba’zi bir umumiy fanlar ham bo‘ladir. Sahna hunari (stsenicheskoye m:asterstvo) fanining mudarrislari u yil o‘sha fan ustida fransuzlarning klassik (qadim) adiblaridan Molerning mashhuri jahon bo‘lg‘on «Xasis» pesasini tayyorlaydilar. Bu pesa uzoq yil Samarqandda bir, Toshkentda bir qo‘yiladir-da, shu bilan studiyaning yozliq ishi tamom bo‘ladir.. Bu yil (1925—1926 yillarda) esa studiyadan umumiy fanlar bilan ona tili fani muallimsizlikdan chiqoriladir, boshqa ingichka san’at fanlari boyag‘iday davom etdiriladir. Ayniqsa, o‘tkan yil qadim zamon teatr tarixini o‘qutgan muallim va munaqqid Filippov bu yil studiya talabalarini Maskavdagi teatrlarning tarixlari va masalalari bilan tanishtiradir. «Sahna hunari»ning muallimlari esa bu yil «Xasis»ni bir oz tuzatmak bilan birga mashhur rus adibi Gogolning o‘lmas kulgusi bo‘lg‘on «Tergovchi»ni inqilobiy fojealardan «Labbay» (Exo) ni so‘ngra Xolxo‘ja qo‘rboshi turmushidan so‘zsiz o‘yin—«Qorovul uyqusi»ni tayyorlaydilar. Bundan boshqa o‘z muallimlarimiz o‘rtoq Uyg‘ur tomonidan kaminaning «Yorqinoy» («Sarkash qiyo») pesasi tayyorlandi. Bulardan «Yorqinoy», «Tergovchi» pesalari Farg‘onaning Namangandan boshqa hamma shaharlarida «Labbay» bilan «Qorovul uyqusi» Toshkentda, Samarqandlarda qo‘yildi. Oldimizdagi bir qish tahsil bilan studiya tamom bo‘ladir. Undan so‘ng Maorif komissarligimizning fikriga qaraganda, o‘sha studiya talabalari asos qilingani holda markaziy va doimiy jumhuriyat teatrimiz tashkil qilinsa kerak. Shu yil teatrning qoshida o‘ziga maxsus studiyasi (maktabi) bo‘ladir. U holda, Maskav studiyasi, ehtimol, tamom berkitilsa. Bu yil ingichka san’at fanlaridan ba’zilari chiqarilib, o‘rinlarig‘a boshqalari kirgiziladir. Chunonchi: yuz yasash (grim), sahna yasash (dekoratsiyachilik) va boshqalar. Bu yilgi repertuarda milliy narsalar ko‘proq bo‘lsa kerak: «Yorqinoy» xomroq bo‘lgani uchun yana ishlanmakchi; kaminaning 4 pardalik «Uzun quloq bobo» degan pesasi ham repertuarg‘a kirsa kerak. Yana boshqa milliy pesalar topish harakati bor. Studiyaning o‘zi bilan qisqacha tanishtirg‘ondan keyin endi uning sayohatidan ham ozroq gapirib o‘taylik. Toshkentda (teatr san’atining bu markazida) —studiyaning moddiy muvaffaqiyati mazasiz bo‘ldi. O‘zbek bazm to‘dasi moddiy jihatdan aqllar ishonmasliq muvaffaqiyat qozong‘on holda studiyaning muvaffaqiyatsizligi albatta sababsiz emas. U sabab hattoki ko‘pimizga ma’lum. Bizning milliy cholg‘uvlarimiz asrlardan beri bazmlarimizda tayyorlanib, xalqning ruhiga singib ketgan yengil bir shabada ham uni qo‘zg‘ay beradir. Teatr esa biz uchun yangi narsa, so‘ngra minglarcha to‘dalarimizning bema’ni va san’atsiz teatrlari xalqni bezdirgan. Shularni anglag‘on uchun studiyaning o‘zi ham moddiy muvaffaqiyatga ahamiyat bermadi; bu holatni hammadan ko‘ra ko‘proq tushungan Maorif komissarligimiz shu moddiy tejash davrida studiyaning moddiy kamchiligini yopdi. Moddiy jihat shunday zaif bo‘lsa ham ma’naviy jihati ancha yaxshi bo‘ldi. San’atni tushungan kishilar keldilar, ko‘rdilar, harorat bilan olqishladilar. Ana shu olqishlar, ana o‘sha samimiy aloqa studiyaga ruh berdi; bu olqishlar bu kun bir hovuch bo‘lsalar ham, samimiy bo‘lg‘onlari uchun kelgusida u hovuchlarning hech qayerga sig‘may ketishiga qat’iy imon keltiradilar. So‘z oxirida studiya talabalari to‘g‘risida ikki og‘iz gapirib o‘taylik: men, studiya bilan birga bir yarim oycha yurib chinakam san’at fidokorlarini ko‘rganimga ishonib suyundim. Moddiy muvaffaqiyatsizlik hali bizning ko‘p «fidokorlarimizni» yarim yo‘lda yo‘ldan uradir. Bular o‘z hayotlaridagi moddiy muvaffaqiyatsizliklarga ham e’tiborsiz qaradilar va ko‘zlarini qizil Maskavning toglar qadar teatrlarig‘a tikib turib: «— Bizning tilagimiz shunday!» deydilar… Matbuot to‘g‘risida kengash 17 nchi iyulda muzofot firqa qo‘mitasining mas’ul sarkotibi Karim o‘g‘li va muzofot ijroqo‘m raisi Alixo‘ja o‘g‘li o‘rtoqlarning ishtiroki bilan, Eski shahar maorif va hukumat ishchilarining qo‘shma majlislari bo‘ldi. Firqa qo‘mitasining harakati bilan chaqirilg‘an u majlisda o‘rtoq Karim o‘g‘li matbuotimizning bu kungi ahvoli to‘g‘risida ma’lumot berib, matbuotga, ayniqsa “Farg‘ona” gazetasining moddiy va ma’naviy yordamiga da’vat qildi. Umuman qizil matbuot va ayniqsa “Farg‘ona” gazetasi to‘g‘risida bir muncha kengash bo‘lg‘andan so‘ng, birinchi avg‘ustda boshlanaturg‘an matbuot oyida jiddiy ishlaga so‘z berildi. Ma’dan suvlaridagi kurortlar Tabiat bu o‘lkaga allanechik bo‘lakchi bir saxiylik ko‘rsatgan, yer tagidagi sog‘liq xazinalarining ko‘p eshiklarini shu o‘lkaga ochib bergan. “Ma’dan suvlari” (Mineralniy vodi) stansasi bilan Kislovodsk stansasi orasidagi masofani poyezd rosa ikki soatda bosib o‘tadi. Poyezdning yurushini juda tez qilib olganda ham yuz chaqirimning yoni-berida bo‘ladi. Dunyoning kengligiga nisbatan bir hovuchdekkina kelaturg‘an shu joyda, qatorasig‘a deyarlik, to‘rtta kurort shahari joylangan: Jeleznovodsk, Pyatigorsk, (unga yaqin bir joyda “Beshtov” tog‘lari bor, buning nomi shundan olingan), Yesentuki, Kislovodsk. Bulardan boshqa maydaroq shifo joylarini aytib ham o‘lturmaymiz, bu yerda sanalganlar butun yer yuziga dong chiqargan kurortlar. Bu kurortlarning har birida boshqa-boshqa ma’dan suvlari, xosiyati biri-birinikidan boshqa buloqlar bor; hattoki, ayrim kurortlarda (chunonchi Yesentukida) bir emas, bir necha buloq bo‘lib, har birining suvi shifo bo‘lush jihatidan biri-biridan farq qiladi. Bu shifo buloqlarining ilgari kimlarga va endi kimlarga xizmat etganini statistik raqamlar juda ma’nolik qilib ko‘rsatadi. 1907 nchi yilning statistikasini olsak, kasallarning tub guruhlari, ijtimoiy sostav e’tibori bilan quyidagicha bo‘lgan: Katta yer egalari, dvoryanlar, savdogar (“kupas”)lar – 41,9 prosent. O‘rta burjuaziya, dehqonlar, quloqlar, kazaklar – 23,8 prosent. Ofiserlar – 10,5 prosent. To‘ralar (hukumat xizmatchilari) – 11,9 prosent. O‘qutuvchilar, o‘quvchilar, bilimdonlar, doqtorlar va medisina arbobi – 10,5 prosent. Ruhoniylar – 1,2 prosent. Past rutbadagi kishilar – 0,2 prosent. Endi Sovetlar idorasi davrini olaylik: oila a’zolari Bu yerda yana bir narsani aytib o‘tish kerak: rus burjuaziyasi zotan o‘z vatanidagi kurortlarga uncha ahamiyat bermas edi. Qo‘lida bir oz davlati bor har bir rus boyi yoz oylarida, istirohat uchun chet ellarga borishni ep ko‘rar, o‘z yurtida chet ellarnikidan qolishmayturg‘an shifolik suvlarning borligini esiga ham keltirmasdi. Inqilobdan burun Kavkaz kurortlarining taraqqiysi toshbaqa qadamlari bilan borardi. O‘sha vaqtlarda “Staraya Russa” kurortlarini idora qilg‘an javobgar bir kishi o‘sha zamonning kurortlarini mana bunday tavsiflaydi: “Kurortda tibbiy tashkilot yo‘q, kasallarga ixtiyoriy tajribada bo‘lunuvchi doqtorlar qaraydi, kurortlarning ma’muriyati, boshlicha ma’muriyat – xo‘jalik va sanitariya vazifalarinigina bajaradilar”. Yana bir misol: 1898 nchi yilda kurortlarga oid bir qonun loyihasi tuzuladi, oradan o‘n bir yil o‘tgandan keyin u loyiha qonun holiga keladi, qonun holiga kelgandan e’tiboran yana besh yil o‘tgach Davlat dumasiga kiritilib, yana bir yildan so‘ng tasdiq qilinadi. Kurortlarga keluvchi kasallar adadining inqilobdan ilgari qanday sekin o‘sganini mana bu jadval yaxshi ko‘rsatadi: Inqilobdan keyin kurortdan foydalanuvchilar adadi va kurortlarga xarjlangan mablag‘lar summasi juda tez o‘sadi. Chunonchi, hamma kurortlarga borgan kasallar: Kurortlarga xarjlangan mablag‘lar (binokorlik va ham tog‘-texnika ishlariga): Ma’dan suvlaridagi kurortlarning orasida butun dunyoga dong‘i ketgan narzon suvlari bilan hamda o‘zining toza va sof bilan tanilgani Kislovodsk kurortidir. U yerda O‘zbekistonning o‘ziga xos sanatoriyasi bor. O‘rtoq Ikromov nomiga bo‘lgan bu sanatoriya xususida alohida to‘xtalish kerak. Mey Lan Fon Qancha odam shirin kuyli so‘zlarin tinglab, O‘yinini ko‘z olmasdan ta’qib etadi. Talvasadan dengiz kabi qaynab-qimirlab Alvon rangli sarpolarga ko‘zni tikadi. Mey Lan Fonning Xitoy xalqi o‘rtasidagi obro‘sini ko‘rsatish uchun bir shoirning yuqoridag‘i to‘rt yo‘l baytini keltirish kifoya. Bu to‘rtgina, lekin juda samimiy yozilgan yo‘llarda Xitoy tomoshabinining o‘z sevimli san’atkorining o‘yinlarini qanday berilib tomosha qilg‘ani tasvir etiladi. Xitoyda Mey Lan Fonning «Yorug‘ yulduz» deb atalishi bejiz emas. Mey Lan Fon endigina dong chiqara boshlagan davrlardayoq uning o‘yinlari to‘g‘risida bunday bir so‘z yurardi: «Uning bir kulumsirashi – ming yillik asirlar, uning bir «oh»i – ming yillik xazon». Xitoyda xotin kishi ro‘lini o‘ynayturg‘an akto‘rlarni, umuman, «tan» deydilar. Mey Lan Fon shu «tan»lardan. U faqat ayol ro‘lini o‘ynaydi. O‘tgan mart oyining 27-kuni Maskovning katta tomosha zallaridan «Muzik-xoll» zalida uning bir kechalik tomoshasini ko‘rishga muvaffaq bo‘ldim. Mey Lan Fonning gastrollari chog‘ida qo‘yilaturg‘an piyesalar uchun rus tilida alohida bir libretto kitobchasi chiqarilg‘an. O‘sha kitobcha qo‘limda. Unda 6 piyesa, 6 raqs (oyoq o‘yini) ko‘rsatilgan: shu 6 piyesaning hammasida ayol ro‘llarini Mey Lan Fon o‘ynaydi: 1. «Shubhali kavush»da Suyning xotini In Chun. 2. «Fey Chen O» va «Yo‘lbars general»da kanizak. 3. «Mazlumlarning o‘ch olishi» degan piyesada baliqchi cholning qizi. 4. «Yolg‘ondakam jinnilik»da bosh vazirning qizi. 6. «Nay kamalak dovoni»da esa general Sinning xotini. Xitoyda ayol ro‘lini o‘ynayturg‘an erkaklar ko‘p; unda ayol aralashmagan nuqul erkak tiyotr to‘dalari, shuningdek, hech bir erkak aralashmagan ayol tiyotr to‘dalari bor; unda mana bu so‘ng zamonlarda erkak va ayollardan iborat aralash tiyotr to‘dalari ham yuzaga chiqdi. Faqat butun shu to‘dalar orasida ayol ro‘lini o‘ynovchilarning oldini va zo‘ri Mey Lan Fondir. Uning sahnadagi joyini o‘z ahli tog‘ning cho‘qqisig‘a o‘xshatadi. Munda hech lof asari yo‘q. Bukun tiyotr-sahna san’atida butun dunyoga o‘rnak bo‘lub o‘lturg‘an Maskovda san’at shinavandalari ila liq to‘lgan zal o‘yin so‘ngida Mey Lan Fonni charchatar darajada ko‘p martabalar olqishlab chiqardi. San’at bilimdonlari uning san’atiga oshiq bo‘lganlarini aytdilar va yozdilar. Umuman, Xitoy klassiq tiyotri yaponlarning «Kabuk»lari singari Ovrupo uchun, shu qatorda biz uchun ham juda qiziqtiruvchi san’atdir. Bu kungi xitoylarning o‘zlari ham tushunmayturg‘an bir tilda (VII – VIII asrlar tilida) yozilmish va feodalizm taraqqiyotini ko‘rsatuvchi asarlari, har bir asarga mutlaq jo‘r bo‘lub boruvchi besh tonli (tatar-mo‘g‘ul unqatoridag‘i) cholg‘isi va kuyi sahna bezalishi, o‘yinning qoida (priyem)lari, akto‘rlarning texnikasi – mana shularning barchasi xitoylarning o‘zlariga xos va biz qiziqaturg‘an narsalardir. Cholg‘ining ibtidoligi (primitiv bo‘lishi) uning tatar-mo‘g‘ullarda qo‘llanilaturg‘an va bizga yaqin unqatori o‘yin qoidalaridag‘i «shartlilik» (uslovnost)lar, ayol ro‘lini erkak o‘ynashi, ayniqsa, Buxoro boylarining naqshli va sharafli mehmonxonalarining ayni o‘zi bo‘lgan uy ziynati, albatta, bizga tanish va bizning yaqin o‘tmushdagi xalq o‘yinlarimizga bog‘liq; lekin, shu bilan birga, akto‘r texnikasi, repertuar boyligi va cholg‘ining mukammal jo‘r bo‘lub borishlari bizga nasib bo‘lmagan yuksakliklardir. Maskovda bir o‘zbek sahna xodimi mendan Mey Lan Fonning o‘yini to‘g‘risida fikr so‘radi. Men shunda «satang» degan so‘zni ishlatib kaltagina javob berdim. «Hech bir satang ba’zi ayol ro‘llaridagi Mey Lan Fon qadar satanglik qilolmaydi…» …Bu satang mening fikrim emas. Bu – tiyotr bilimdonlarining mushtarak fikridir. Bir bilimdon Mey Lan Fonning qo‘l o‘yinlaridan bahs eta turib: «Shu o‘nta barmoq bor, boshqa a’zolar bilan hech narsa ko‘rsatmasa ham bo‘ladi», – deydi. Chinakam, uning o‘n barmog‘i o‘nta talantli akto‘rning vazifasini bajaradi, xususan, qo‘lini goh yeng ichiga olib, goh chiqarib, yeng bilan shunday o‘yinlar qildiki, ko‘zingizni uzolmaysiz! Men uning barmoqlarig‘a ko‘z tikkanim holda o‘z Akademik dramamizning o‘yin texnikasini o‘yladim, qancha achchig‘ bo‘lsa-da, aytish kerakki, biz hali bu xususda ko‘p olisdamiz. Abror, sahnamizning maqtaniqlig‘i bo‘lgan Abror «Zakmuk»da Jar Sivon ro‘lini o‘ynarkan, o‘n barmog‘ini barobar bir o‘ynatgan edi, men uni sira esimdan chiqara olmayman. Ammo Abror o‘zi allaqachon esidan chiqarg‘ang‘a o‘xshaydi. Mey Lan Fon tiyotrida o‘ynalaturg‘an asarlardan ko‘pining tiliga bu kungi Xitoy ommasi tushunmaydi. U asarlarni tushunib tomosha qilaturg‘anlar juda oz, ko‘p tomoshachilar yo cholg‘i eshitish uchun, yo o‘yin ko‘rish uchun keladilar. So‘ngra ming yillardan beri o‘ynalib kelgan va, zotan, mazmuni soddagina bo‘lgan u asarlar tomoshachiga ko‘pdan yod bo‘lub ketgan. Tomoshachi o‘ziga tanish asarning o‘ziga ma’qul bo‘lgan bir joyini ko‘rish uchun ham keladi. Yapon tiyotrida ba’zi asarlarning yolg‘iz bir pardasiga bilet sotiladi, shunda odam liq to‘la boshqa pardalarida tomosha zali butunlay bo‘sh deyarlik… Yapon tiyotrining bu xususiyati Xitoy tiyotrida ham yo‘q emas. Shu uchun Mey Lan Fon tiyotri o‘zining nuqul feodalizm jamiyatini tasvir etgan va, muning ustiga, feodalizm dunyo ko‘rishini aks etdirgan piyesalari bilan bizdan, bizning sotsialistik tiyotrimizdan juda olisda turadi. Bu jihatni olganda, biz Xitoy tiyotridan emas, Xitoy tiyotri bizdan o‘rganuvi kerak. Faqat shakl jihatidan olganda (yolg‘iz shakl jihatidan!) biz u tiyotrni o‘rganishimiz kerak. Uni o‘rgangan vaqtimizda uning nimasi bizbob, nimasi bizga begona va foydasiz ekani o‘z-o‘zidan anglashiladi. Sharq olamida o‘zicha bir o‘run tutgan yapon va xitoy tiyotrlarini o‘rganaylik. Rus tilida bor bo‘lgan asarlar bizga bu to‘g‘rida yordam etajaklar. Har qalay, Mey Lan Fonning tiyotri juda ziyoli tiyotr. Uning direktori bilan direktor o‘runbosari professor darajasiga ega bo‘lgan san’at olimlari Mey Lan Fonning o‘zini ham «do‘qto‘r» deb ataydilar. Bu – ming yillarning tiyotri, bu – an’ana tiyotri, bu – yuksak san’at tiyotri. Biz esa hali shakl jihatidan yoshmiz, 15 yilligimizni endigina o‘tkazdik. Faqat… Faqat biz shunday bir o‘lkaning tiyotrimizkim, boshqa sohalarda o‘lkamiz yuz yillik yo‘llarni besh yilda, hatto bir yilda bosishga intiladi va muvaffaq bo‘lub boradi. Bizning 15 – 20 yashar sahnamiz sahna san’ati va madaniyatining ming yillik yo‘llarini besh-o‘n yilda o‘tishi kerak yoki biz ham uning hunarlarini ko‘rarkan, xitoylar singari deylik: «Muning bir qadami – yuz yillik yo‘l, muning bir hamlasi – tarix bo‘yi davom etgan hujumlari». Meyerxo‘ld teatri “Yer yuzi” majmuasi o‘z o‘quvchilarini eng zo‘r tiyotr muallimlaridan biri bilan tanishdirmoqchi bo‘lib, shu vazifani menga topshirdi. Bu ko‘p sharaflik bir xizmat bo‘lsa ham tilamasdanrak bajardim. Buning sababi belgili. Meyerxo‘ld to‘g‘risida kitoblar yoziladi, maqolalar, ayniqsa, “Yer yuzi”ning o‘lchovli betlariga sig‘a oladurg‘an qisqa maqolachalar yozish bilan uni keragicha tanitib bo‘lmaydi. Modomiki, tugal tanita olinmas ekan, hozirg‘a sabr qilib turish yaxshimasmidi? Yo‘q! “Oz bo‘lsa ham tanib turayliq” der ekan o‘quvchilar, shu uchun biz ham qo‘ldan kelganini qilishg‘a majbur bo‘lamiz. Boring, bu sarlavhasi bo‘lsin, bir ozdan so‘ng “madhal”ini boshlashg‘a ham mumkin bo‘lib qolar. Meyerxo‘ldni maxtag‘anlar “rus tiyotrining mumtoz san’atkori” deb maxtaylar; hatto uning muxoliflari ham so‘kish chog‘ida “Eng buyuk muallimlardan birining xatosi”, deyib o‘talar. 1926 nchi yili aprel oyida uning tiyotri 5 yillik to‘yini o‘tkazdi. Shu to‘yni o‘tkazmak uchun 101 kishidan iborat maxsus qo‘mita tuzilgan edi. Qo‘mitaning raisi Klara Tsetkin, o‘rinbosarlari Lunacharskiy bilan Slavinskiy o‘rtoqlar edi. Boshqa a’zolar orasida Bela Kun, Budenniy, Dogodof, Lazufskiy, Simashko‘, Dumbol va Unshlixt kabi ulkan nomlar uchraydi. Mana buning o‘zginasi ham bu kun Meyerxo‘ld tiyotrining ahamiyatini ko‘rsatishga yetadi. To‘yg‘a qadar bir kollektif holda ishlab kelgan bu tiyotr, to‘ydan so‘ng hukumat qaramog‘ig‘a o‘tti va “Meyerxo‘ld nomig‘a hukumat tiyotri” deb ataldi. Bu tiyotrning o‘z boshig‘a mustaqil bir muassasa bo‘lib ishlashi, 1922 nchi yildan boshlanadi. 1922 va 23 nchi yil tiyotr faslida u avval “Meyerxo‘ld tiyotri” bo‘lib, so‘ngra “Meyerxo‘ld nomig‘a tiyotr” bo‘lib ishlaydi. Ungacha bu tiyotr bir necha muassasaga aralashib chiqqan: 1920 nchi yilning no‘yabr oyidan 21 nchi yilning yozlarig‘acha, bu tiyotrning tub kuchlari, boshlarida Meyerxo‘ld bo‘lg‘ani holda “RSFSRning birinchi tiyotri”da ishlaylar. U yerda “Tong qizilliqlari (“zarya”)”, “Misteriya Buff”, “Yoshlar soyuzi” degan narsalar qo‘yiladi. Bularning birinchisi balchiqoli adib va shoir Verxornniki bo‘lib, mu’asr sarmoyador jamiyatdan boshqa bir oliyroq jamiyatga ko‘chishni tasvir qiladi. Unda sinf kurashi bir necha tabaqa orasida ko‘rsatiladi. Ikkinchisi rus futuristlaridan mashhur Mayakovskiyning asari bo‘lib, narigi (ma’naviy) olamlarni ermak qiladi. Nihoyat, uchinchisi no‘rvajli adib Ibsenniki bo‘lib, asrimizning muammolariga qoqiladi. Bu asarlarning har biri o‘sha vaqtda jamiyatga hayajonlar solg‘an, uni silkitkan narsalardir. Meyerxo‘ld o‘sha tiyotrda vaqtida edikim, “tiyotrda o‘ktabr” shiorini maydonga otti. Uning g‘ayrati va tashabbusi bilandirkim, o‘sha tiyotrda yangi asoslar amalga qo‘yildi. Bu yangi asoslarning biri “Tiyotr san’ati ham siyosatdan xoli emas”dir. Qanday bo‘lsa ham bir sinfning manfaatiga xizmat etganini da’vo qilar, shu uchun o‘zi ham mamlakat tizginini qo‘lg‘a olg‘an tumoyoq sinfiga xizmat etardi. Bu mafkura masalasidir. Yana bir yangi asos sahnaning tuzilishiga oid bo‘lib, sahna maydonining chiroyliq qilib yasatilishig‘a qarshi sahnada eng oddiy muyimlardan eng oson va arzon shakllar uyushdirishga tirishardi. Bu ham, albatta, “siyosatdan xoli emas”, negakim, bu sodda sahna sodda xalq uchun, sodda xalq esa – tumoyoqlar edi. Bino yetishmasligi orqasida u tiyotr burung‘i Nizlubin tiyotri bilan birga qo‘shilib “Aktyor tiyotri”g‘a aylandi. O‘sha tiyotrda qo‘yilib juda katta muvaffaqiyat qozong‘an “Velikodushniy rogonoses” tomoshasi, “Aktyor tiyotri” qurulmasdan burun “Birinchi RSFSR tiyotri” bilan yuqori rejesso‘r kurslari tomonidan birlikda tayyorlang‘an edi. Meyerxo‘ldning ikkinchi asosi (sahnani soddalashtirish), o‘sha vaqtda avjiga chiqqan edi: uning o‘z gapiga qarag‘anda yuqorida aytilgan asarning qo‘yilishi faqat 200 so‘mgagina tushkan. O‘ziga hamma vaqt yangi yo‘llar aqtarg‘an bir yerda to‘qtamag‘an, “tinib o‘lmas” Meyerxo‘ld va uning to‘dasi, albatta, Nizlubin to‘dasi bilan chiqisha olmas edi. Ham shunday bo‘ldi-da: ilgari ikkovi orasida kurash ketdi, so‘ngra uzilishishga majbur bo‘ldilar. “Aktyor tiyotri” tamoman Meyerxo‘ld qo‘lig‘a qoldi. Undan keyin “Aktyor tiyotri” deganimiz “Gitis tiyotri”1 g‘a aylandi. Unda ham ikki to‘da o‘ynardi: biri Meyerxo‘ldniki, yana biri “Tajriba qahramonliq tiyotri”. Bu ikkala to‘daning kurashishi natijasida so‘ngg‘i to‘da yo‘q o‘ldi va 1922 nchi yilda “Meyerxo‘ld tiyotri” degan mustaqil bir tiyotr tashkil qilindi. O‘zining o‘sha yo‘li bilan Meyerxo‘ld tiyotri hozirg‘acha yurib keldi. Albatta, bu orada chayqalishlar bo‘lmadi emas, bo‘ldi, lekin ularning mohiyatidan gapirmakchi bo‘lsaq, kitoblar yozishg‘a to‘g‘ri keladirkim, unga bizning kuchimiz ham hali hozirg‘a yetmaydi. Bu orada Meyerxo‘ld tiyotri “Muallim bubus”, “D. I.” (Ber Ovro‘poni!), “Mandat”, “Yer ko‘pdi”, “Yur, Xitoy” qabi har jihatdan yangi va mu’asr narsalar berdi: qadimgi Ostrovskiyning “O‘rmon”i bilan Gogolning “Tergovchi”sini yangilab astar-avrasini ag‘darib qo‘ydi. “O‘rmon”da uncha qilu qol qo‘zg‘almag‘an edi. Ammo bu “Tergovchi”da juda katta qilub qil qo‘zg‘aldi. Qo‘yilg‘aniga bir yarim oy bo‘lib qolg‘ani holda, hali ham maqtash va so‘kishlar to‘qtag‘ani yo‘q. “Tergovchi”ga baho berishda Maskav bilan Leningrad tanqidchilari ikkiga bo‘lindilar. Maskav so‘kadi, Leningrad maxtaydi. Bu so‘kish va maxtashlar to‘g‘risida gapirmak uchun ham yana ayrim maqolalar yozish kerak. Shuning uchun qisqa qilib shunigina aytamizkim, Maskav munaqqidlari Meyerxo‘ldni “o‘nglashib ketishda” ayblaylar, Leningrad munaqqidlari esa Meyerxo‘ldning tergovchisidan Gogolning chin ruhini topalar va yangi hech kim topolmag‘an narsalar topilg‘anini da’vo qilalar. Chinakam, “Tergovchi” bilan “Velikodushniy rogonoses” orasida shakl jihatdan juda katta farq bor. So‘ng‘i narsani 200 so‘mga tayyor bo‘lg‘an deb o‘tkan edik. “Tergovchi”ning sahna jihozlariga bir necha ming so‘m ketgan desak xato qilmaymiz. Kiyimlar hammasi toza narsadan, xotin kiyimlari hammasi ipak boshqa jihozlar ham kinolarniki qadar boy. Meyerxo‘ld tiyotrida bu choqqacha parda, dekaratsiya va sahna oldi fanorlari bo‘lmas edi. “Tergovchi”da parda devorg‘a aylangan. Ravot darvozalar… O‘yinlarda “Ot o‘yini” (sirk) va kinoning ko‘b ta’siri bo‘lg‘an bu tiyotr gapning qisqasi, tevarak-atrofni eng ko‘b mashg‘ul qilayotqan bir san’at muassasasidir. Bu to‘g‘rida bir emas, ko‘b, ko‘b martaba so‘z qilishg‘a to‘g‘ri kelar– hozir so‘zni tamom qilmasdan burun Meyerxo‘ld tiyotrining bizga ta’siridan ikki og‘iz so‘zlab o‘tay: Bu tiyotrning soddaligi biz uchun kerak, ko‘bchilikka yaqin kelishi – yana biz uchun lozim. Bizning xalq tiyotrlari unsurlaridan ba’zilari bu tiyotrda bor. Shu uchun bizning yangi tiyotrimiz ham bundan qochib qutulolmaydi va qochmoqchi ham emas, albatta. Balki, Maskav dram istudiyasi bu yo‘lda birinchi qadamni qo‘ydi: o‘tkan yil Maskav istudiyasida Meyerxo‘ldchilardan o‘rtoq Sverdlinning ta’limi bilan “Qorovul o‘yqusi” degan bir so‘zsiz o‘yin tayyorlang‘an edi. Endi, bu yil esa “Pul undirish” degan bir kulgi asar tayyorlanib turadir. Meyerxo‘ld tiyotri «Er yuzi» majmuasi o‘z o‘quvchilarini eng zo‘r tiyotr muallimlaridan biri bilan tanishdirmoqchi bo‘lub shu vazifani menga topshirdi. Bu ko‘p sharaflik bir xizmat bo‘lsa ham, tilamasdanrak bajardim. Buning sababi belgili. Meyerxo‘ld to‘g‘risida kitoblar yoziladi, maqolalar, ayniqsa, «Er yuzi»ning o‘lchovli betlariga sig‘a oladurg‘an qisqa maqolachalar yozish bilan uni keragicha tanitib bo‘lmaydi. Modomiki tugal tanita olinmas ekan, hozirg‘a sabr qilib turish yaxshimasmidi? Yo‘q! «Oz bo‘lsa ham tanib turayliq», – der ekan o‘quvchilar; shu uchun biz ham qo‘ldan kelganini qilishg‘a majbur bo‘lamiz. Boring, bu sarlavhasi bo‘lsin, bir ozdan so‘ng «madhal»ini boshlashg‘a ham mumkin bo‘lub qolar. Meyerxo‘ldni maxtag‘anlar «rus tiyotrining mumtoz san’atkori» deb maxtaylar; hatto uning muxoliflari ham so‘kish chog‘ida: «Eng buyuk muallimlardan birining xatosi», – deyib o‘talar. 1926 yil aprel oyida uning tiyotri 5 yillik to‘yini o‘tkazdi. Shu to‘yni o‘tkazmak uchun 101 kishidan iborat maxsus qo‘mita tuzilgan edi. Qo‘mitaning raisi Klara Setkin, o‘rinbosarlari Lunacharskiy bilan Slavinskiy o‘rtoqlar edi. Boshqa a’zolar orasida Bela Kun, Budyonniy, Dogodof, Lozovskiy, Semashko, Dumbol va Unshlixt kabi ulkan nomlar uchraydi. Mana buning o‘zginasi ham bu kun Meyerxo‘ld tiyotrining ahamiyatini ko‘rsatishga yetadi. To‘yg‘a qadar bir kollektiv holda ishlab kelgan bu tiyotr to‘ydan so‘ng hukumat qaramog‘ig‘a o‘tti va «Meyerxo‘ld nomig‘a hukumat tiyotri» deb ataldi. Bu tiyotrning o‘z boshig‘a mustaqil bir muassasa bo‘lub ishlashi 1922 yildan boshlanadi. 1922 va 1923 yil tiyotr faslida u avval «Meyerxo‘ld tiyotri» bo‘lub, so‘ngra «Meyerxo‘ld nomig‘a tiyotr» bo‘lub ishlaydi. Ungacha bu tiyotr bir necha muassasaga aralashib chiqqan: 1920 yilning noyabr oyidan 21 yilning yozlarig‘acha bu tiyotrning tub kuchlari boshlarida Meyerxo‘ld bo‘lg‘ani holda, «RSFSRning birinchi tiyotri»da ishlaylar. U yerda «Tong qizilliqlari» («Zarya»), «Misteriya buff», «Yoshlar soyuzi» degan narsalar qo‘yiladi. Bularning birinchisi balchiqoli adib va shoir Verxarnniki bo‘lub, muosir sarmoyador jamiyatdan boshqa bir oliyroq jamiyatga ko‘chishni tasvir qiladi. Unda sinf kurashi bir necha tabaqa orasida ko‘rsatiladi. Ikkinchisi rus futuristlaridan mashhur Mayakovskiyning asari bo‘lub, narigi (ma’naviy) olamlarni ermak qiladi. Nihoyat, uchinchisi norvajli adib Ibsenniki bo‘lub, asrimizning muammolariga qoqiladi. Bu asarlarning har biri o‘sha vaqtda jamiyatga hayajonlar solg‘an, uni silkitkan narsalardir. Meyerxo‘ld o‘sha tiyotrda vaqtida edikim, «Tiyotrda o‘ktabr» shiorini maydonga otti. Uning g‘ayrati va tashabbusi bilandirkim o‘sha tiyotrda yangi asoslar amalga qo‘yildi. Bu yangi asoslarning biri «Tiyotr san’ati ham siyosatdan xoli emas»dir. Qanday bo‘lsa ham, bir sinfning manfaatiga xizmat etganini da’vo qilar, shu uchun o‘zi ham mamlakat tizginini qo‘lg‘a olg‘an tumoyoq sinfiga xizmat etardi. Bu mafkura masalasidir. Yana bir yangi asos sahnaning tuzilishiga oid bo‘lub, sahna maydonining chiroyliq qilib yasatilishig‘a qarshi sahnada eng oddiy muyimlardan eng oson va arzon shakllar uyushdirishga tirishardi. Bu ham, albatta, «siyosatdan xoli emas», negakim bu sodda sahna sodda xalq uchun, sodda xalq esa tumoyoqlar edi. Bino yetishmasligi orqasida u tiyotr burung‘i Nezlobin tiyotri bilan birga qo‘shilib, «Akto‘r tiyotri»g‘a aylandi. O‘sha tiyotrda qo‘yilib juda katta muvaffaqiyat qozong‘an «Velikodushnыy rogonosets» tomoshasi «Akto‘r tiyotri» qurulmasdan burun «Birinchi RSFSR tiyotri» bilan yuqori rejisso‘r Qurslari tomonidan birlikda tayyorlang‘an edi. Meyerxo‘ldning ikkinchi asosi (sahnani soddalashtirish) o‘sha vaqtda avjiga chiqqan edi: uning o‘z gapiga qarag‘anda, yuqorida aytilgan asarning qo‘yilishi faqat 200 so‘mgagina tushkan. O‘ziga hamma vaqt yangi yo‘llar aqtarg‘an, bir yerda to‘qtamag‘an, «tinib o‘lmas» Meyerxo‘ld va uning to‘dasi, albatta, Nizlobin to‘dasi bilan chiqisha olmas edi. Ham shunday bo‘ldi-da: ilgari ikkovi orasida kurash ketdi, so‘ngra uzilishishga majbur bo‘ldilar. «Akto‘r tiyotri» tamoman Meyerxo‘ld qo‘lig‘a qoldi. Undan keyin «Akto‘r tiyotri» deganimiz «GITIS tiyotri»g‘a aylandi. Unda ham ikki to‘da o‘ynardi: biri Meyerxo‘ldniki, yana biri «Tajriba qahramonliq tiyotri». Bu ikkala to‘daning kurashishi natijasida so‘ngg‘i to‘da yo‘q o‘ldi va 1922 yilda «Meyerxo‘ld tiyotri» degan mustaqil bir tiyotr tashkil qilindi. O‘zining o‘sha yo‘li bilan Meyerxo‘ld tiyotri hozirg‘acha yurib keldi. Albatta, bu orada chayqalishlar bo‘lmadi emas, bo‘ldi, lekin ularning mohiyatidan gapirmakchi bo‘lsak, kitoblar yozishg‘a to‘g‘ri keladirkim, unga bizning kuchimiz ham hali hozirg‘a yetmaydi. Bu orada Meyerxo‘ld tiyotri «Muallim Bubus», «D.E.» (Ber Ovruponi!), «Mandat», «Er ko‘pdi», «Yur, Xitoy» kabi har jihatdan yangi va muosir narsalar berdi: qadimgi Ostrovskiyning «O‘rmon»i bilan Gogolning «Tergovchi»sini yangilab astar-avrasini ag‘darib qo‘ydi. «O‘rmon»da uncha qilu qol qo‘zg‘almag‘an edi. Ammo bu «Tergovchi»da juda qilu qol qo‘zg‘aldi. Qo‘yilg‘aniga bir yarim oy bo‘lub qolg‘ani holda, hali ham maqtash va so‘kishlar to‘qtag‘ani yo‘q. «Tergovchi»ga baho berishda Maskov bilan Leningrad tanqidchilari ikkiga bo‘lindilar. Maskov so‘kadi, Leningrad maxtaydi. Bu so‘kish va maxtashlar to‘g‘risida gapirmak uchun ham yana ayrim maqolalar yozish kerak. Shuning uchun qisqa qilib shunigina aytamizkim, Maskov munaqqidlari Meyerxo‘ldni «o‘nglashib ketish»da ayblaylar, Leningrad munaqqidlari esa Meyerxo‘ldning «Tergovchi»sidan Gogolning chin ruhini topalar va yangi hech kim topolmag‘an narsalar topilg‘anini da’vo qilalar. Chinakam, «Tergovchi» bilan «Velikodushnыy rogonosets» orasida shakl jihatdan juda katta farq bor. So‘ngg‘i narsani 200 so‘mga tayyor bo‘lg‘an deb o‘tkan edik. «Tergovchi»ning sahna jihozlariga bir necha ming so‘m ketgan desak xato qilmaymiz. Kiyimlar hammasi toza narsadan, xotin kiyimlari hammasi ipak, boshqa jihozlar ham kino‘larniki qadar boy. Meyerxo‘ld tiyotrida bu choqqacha parda, dekoratsiya va sahnaoldi fanorlari bo‘lmas edi. «Tergovchi»da parda devorg‘a aylangan. Ravot darvozalar… O‘yinlarda «Ot o‘yini» (tsirk) va kino‘ning ko‘b ta’siri bo‘lg‘an bu tiyotr, gapning qisqasi, tevarak-atrofni eng ko‘b mashg‘ul qilayotkan bir san’at muassasasidir. Bu to‘g‘rida bir emas, ko‘b, ko‘b martaba so‘z qilishg‘a to‘g‘ri kelar – hozir so‘zni tamom qilmasdan burun Meyerxo‘ld tiyotrining bizga ta’siridan ikki og‘iz so‘zlab o‘tay. Bu tiyotrning soddaligi biz uchun kerak, ko‘bchilikka yaqin kelishi yana biz uchun lozim. Bizning xalq tiyotrlari unsurlaridan ba’zilari bu tiyotrda bor. Shu uchun bizning yangi tiyotrimiz ham bundan qochib qutulolmaydi va qochmoqchi ham emas, albatta. Balki Maskov dram istudiyasi bu yo‘lda birinchi qadamni qo‘ydi: o‘tkan yil Maskov istudiyasida meyerxo‘ldchilardan o‘rtoq Sverdlinning ta’limi bilan «Qorovul uyqusi» degan bir so‘zsiz o‘yin tayyorlang‘an edi. Endi bu yil esa «Pul undirish» degan bir kulgi asar tayyorlanib turadir. Milisiyalarga ko‘mak Toshkent uyaz militsiya idorasi militsiyalarning 5 yillik bayrami to‘g‘risida jiddiy hozirliqlar ko‘rdi. Har bir qishloqda ixtiyoriy ionalar to‘planib turadir. Militsiyalarning 5 yillik bayrami uchun Xonobod (Obliq mavzu’i) rayonidag‘i dehqonlar o‘n milliyardg‘a yaqin aqcha to‘plag‘anlar. Shundan 5 milliyardini uyaz milisiya idorasiga berib, qolg‘anini o‘z yerlarida bayram o‘tkazmak uchun olib qoldilar. Qand zovudi idorasi 5 put shakar berib, militsiya idorasini remont va elektrik bilan yoritishni o‘z bo‘ynig‘a olg‘an, moy zovudi idorasi bundan keyin militsiyalarga o‘z ishchilari barobarida payok (moy, sobun) berib turmoqchi bo‘ldi. Har rayonda ishlar yaxshi bo‘lub boradir. Uyaz kamisiyasi yangi Toshkantda militsiyalar foydasig‘a 26 nchi yanvarda kecha yasadi. Har rayonda militsiyalar foydasig‘a kechalar yasalib turadir. Uyaz militsiya bayramini o‘tkazish kamisiyasi uyazda bayramni o‘tkazmak ishini 5 ga bo‘lgan. Har rayonda ham uyaz militsiya idorasida bo‘lur ekan. Millat masalasi Toshkentda qozoq-qirg‘iz shevasida chiqaturg‘an «Oq jo‘l» rafiqimiz «Turkistondagi millatlar orasini yaqinlashtirish kerak» degan sarlavha bilan bir bosh maqola yozadir. Bu – millatlar masalasining qaytadan qo‘zg‘atilishi, sho‘rolar hokimiyatining eski va zo‘r asoslaridan eng kattasiga yana bir martaba qaytmoq demakdir, bu qaytish kerak, lozim, zarur bir qaytishdir. Yo‘q esa, manavi NEP (yangi iqtisod siyosati)ning «sharofati» bilan bu muhim va qiyin masala xiyla unutulub, ko‘zdan tashlanib yuborilg‘an edi. Agarda masala tugab, hal etilib, tamom bir taraf qilinib tashlang‘an bo‘lsa, mayli, lokin unday emas. Buni «Oq jo‘l» rafiqimiz ham: «Millat masalasi bitdi deganlarning gapi tagsiz, qip-qizil yolg‘on. O‘rtoq Trotskiy aytganidek, millat masalasini yechildi deb yurganlar o‘shal masalaning orasida dimiqib qolg‘an kishilardir…» – degan so‘zlar bilan bildirib o‘tadir. Ayniqsa, bizning Turkistonda bu masalaning o‘ziga ko‘ra nozikligi bor. Buni «Oq jo‘l» yo‘ldoshimiz o‘z qarashi bilan qarab isbot qiladir. Ya’ni millat masalasida ezilganlarning ezilgani qilib ko‘chma xalqni ko‘rsatib aytadir: «Turkistondagi xalqlarning orasida oyoqliq mol chorvasini qo‘llatib yurgan, uni tashlay olmay yo bo‘lmasa ilgari bostirib, yashnata olmay kelayotkanlar turkmanlar bilan qirg‘iz-qozoqlardir. Shuning uchun yangi iqtisod siyosati orqasida Turkistondagi boshqa xalqlarning og‘zig‘a tushub, tishiga yumshoq kelib yotkanlar ham turkmanlar bilan qirg‘iz-qozoqlar bo‘lub kelmakdadir». Faqat shunday og‘ir bir masala to‘g‘risida yozilar ekan, ochiq-sochiq, to‘ppa-to‘g‘ri, oydek yoruq qilib yozmoq kerak edi. Holbuki, «Oq jo‘l» yo‘ldoshimiz kuchlik bir asabiyat bilan yozg‘an shu maqolasida aytmak istaganini ochib bera olmaydir. Mana quyidag‘i so‘zlarini o‘qung: «Yangi iqtisod siyosati chiqqandan beri u yerimni unday qildilar, bu yerimni bunday qildilar deb bezillab o‘lturg‘anlar turkmanlar bilan qirg‘iz-qozoqlar bo‘lub keldi. O‘run (o‘troq)lashkan chorvasi bor, o‘zi eplik xalqlar arzon olib, qiymat sotib, yangi iqtisod siyosati natijasida turkman bilan qirg‘iz-qozoqdan foydalanishi aniq». Bundan nima onglaymiz? Bunday «aniqlar» ko‘b, lekin maqsad, asos aniq emas. «Oq jo‘l» rafiqimizning: «Erlik xalqlar bir-biridan foydalanmoqchi bo‘lsa, ikkovini qo‘shub foydalanayin deb orqasida tayyorlanib turg‘an mustamlakachilar bor. Yerlik xalqlarning hammasini birday haydab, yurguzub kelgan o‘rus mushtumzo‘rlari bor», – degan so‘zlari millat masalasiga uning qarashini aniqroq ko‘rsatadir. Turkistonda ezilgan xalqlar bor. Ezilgan sinflar bor, ezguvchi xalqlar, ezguvchi sinflar bor. Siyosatni olib borg‘anda ezguvchilar bilan ezilguvchilarni ayirib olib bormoq kerak. Firqaning so‘ngg‘i umumiy qurultoyi bu to‘g‘rida ko‘b gapirdi. Mirzo Ulug‘bek Ilmi hay’at tarixida Turkistonning sharafli bir mavqei bordur. Milodning 1420-yilida mashhur Amir Temurning nabirasi Mirzo Ulug‘bek ilmi hay’atga bo‘lg‘an kuchli muhabbati orqasida Samarqand shahriga bir rasadxona bino qildirg‘an edi. U vaqtdan beri orada 400 yilcha vaqt o‘tub yerlar tagida ko‘mulub ketgan u rasadxonani mundan 10 yillar burun samarqandli mustashriq Vyatkin topub kovlatgan edi. Bu rasadxona marmardan yasalg‘an zo‘r bir binodan iborat edi. U yerda bizning Turkiston o‘g‘li Mirzo Ulug‘bek dunyoning har tarafidan to‘plab olg‘an olim yo‘ldoshlari bilan zo‘r berib ishlagan edi. Mirzo Ulug‘bek tomonidan tuzilgan bitta “Yulduzlar jadvali” bor. Bu jadvalda o‘sha vaqtda ma’lum bo‘lg‘an yulduzlar juda ochiq ta’rif qilinadur. U jadval mashhur yunon hay’at olimi Xipporix vaqtidan beri tuzulgan birgina jadval, deb hisoblanadur. Turkiston xalqi, ayniqsa biz tubjoy xalq, o‘zimizning shu olim kishimizni sira esga olmaymiz. Uning ismiga birgina, kichkina bo‘lsa ham xotira nishona yo‘q. Shaharlarda ochilg‘an maktablar bilangina u ulug‘ olimni taqdir qildiq, deb ayta olmaymiz. Sira, sira ayta olmaymiz. Toshkand rasadxonasi hozir bir ishga qadam qo‘ydi. Girmoniyadag‘i Nasiys korxonasiga buyurib, katta bir telesko‘p (rasadxona durbini) yasatdirmoqchi va u durbinni Toshkand rasadxonasiga o‘rnatub, unga “Mirzo Ulug‘bek durbini” deb nom qo‘ymoqchi. Bu durbin bir Turkistondagina emas balki butun dunyoda birdan bir katta durbin bo‘ladur. Nimagakim, bundoq zo‘rliqda va bu o‘tkurlikdagi durbin faqat Amriqodagina bordur. Korxonachi bilan so‘zlashilgan. Durbin oltun hisobi bilan 96000 so‘mga tushadur. Bu puldan 40000 so‘mi pishaki berilsa, durbin 2-2,5 yilda tayyor bo‘lib keladur. Tashabbus boshlang‘an. Ish, faqat shu pulni yig‘ishda qolg‘an. Pul va’da qilg‘an idoralar ham bor. Biz umid qilamizkim, Ulug‘bekning ona yurtida mundoq xayrlik tashabbusga kerak bo‘lg‘an pulni Turkiston hukumati ham, xalq ham qandoq qilib bo‘lsa-da, to‘ldurub berar. Muhim «kichkina»lardan Shaharimizdagi xalq so‘roqxona (sudya)laridan eski shahar musulmonlarig‘a turli chaqiriq xatlari tushadir. Ul xatlarda musulmonlar yo gunohkor, yo da’vogar va yo guvoh qatorida chaqiriladirlar. Bunga so‘zimiz yo‘q. Bu o‘z yo‘lida. Lokin musulmonlarg‘a tushkan chaqiriq xatlari o‘ruscha yozilib tushadir. So‘ngra o‘shal o‘ruschani o‘qub ham bir narsa tushunish juda qiyin. Nimaga desangiz, o‘ruscha xatlar ham juda xunuk. Musulmonlarg‘a tegishlik chaqiriq xatlarni musulmoncha yozdirish iloji yo‘qmi ekan? Muhtaram yozg‘uvchilarimizg‘a Ma’lumdirki, har narsa o‘z ahli (ya’ni o‘z kasb-korlari — U. S.) tarafindan yozilsa yaxshi yoziladur. Shukrlar o‘lsunki, bizning oramizda ham so‘nggi yillarda milliy tiyotr va ro‘mon kitoblari yozilub bosdiriluvlar ko‘rilmakg‘a boshladi… «Padarkush» yozilg‘ondin keyin yoshlarimizda katta bir rag‘bat hosil bo‘lub har shaharning sahnalarida o‘ynaldi. Toshkand, Samarqand, Xo‘qand kabi markazlarda 2—3 marotaba ham o‘ynaldi. Ishta bular millatning intibohiga xayrli bir foldir. Ammo muning ilagina suyunib o‘zimizni yupatmayluk. Hali bizga ko‘b tiyotr va ro‘mon kitoblari yozmoq kerakdurkim, bu qarz bir hovuch ziyoli yoshlarimiz ila ahli qalamimiz ustlariga tushadir. Muhtaram qalam ahllari, milliy maishatni yomon deb yozmay, zohirda bo‘lsa ham to‘ylarda, gapxonalarda, bachchabozlar majlisida, bazmlarda va shunga o‘xshash millatning eng tanqid qilaturg‘on o‘rinlarinda birga aralashub yurmaklari kerakdurki, toki komil o‘shal odatlarni kitob sahifalarida chiroyliroq qilub yozgunday bo‘lsunlar. Milliy maishatdan bezgan bilan bezilub, ko‘milub ketaberadir. Onda aralashib yurulsa, ondagi so‘zlarni, odatlarni o‘rganmoqqa bo‘ladurki, kitob betlariga ko‘chirub yozmoqqa materiyollarning eng asllari xalq orasidan olunadir. Ovruponing katta-katta muharrirlari o‘shal o‘zlarining yaxshi-yomon odatlari orasida yurubdirlar. So‘ngra qo‘llariga qalam olub, yaxshisini yaxshi, yomonini yomon ko‘rsatub yozubdurlar. Ishta muhtaram yoshlarimiz mashaqqat bo‘lsa ham xalqimizning ichida oralashub yurub kitoblar yozuvg‘a materiyollar tayyorlasalar. Bu yo‘ldagi ihtiyojni bir qadar ado qilg‘on bo‘lur edilar. Bizim bu arzimiz bir muharrirlargagina emas, muhtaram artistlarimizg‘a ham bordir. Ular ham sahna keraklarini xalq orasida yurub o‘rganmaklari lozimdir. Ojizona bu fikrimni hurmatli yoshlarimizga arz qilaman. Musulmonlashdirish Sarlavha qaltis ketdi. Xiyla qaltis ketdi. Buni o‘ruschalashtirsak, musulmanizatsiya bo‘ladirkim, eski to‘ra, burung‘i chinovniklardan chiqqan mustamlakachi – kolonizatorlarning kayflari uchadi. – Ha, musulmonlashdirish? Bu nima degan gap? Bunga yo‘l berib bo‘lurmu? Hay, sergak bo‘l! Yo‘lni to‘s! – Qoch, o‘g‘lon, qoch, ot bosdi – millat kelur! Ol-ha, qoch-ha!.. Qanday qilasiz, mustamlakachi o‘rtoq? Zamon shu, sho‘ro hukumatining tutqon yo‘li shu. Sho‘ro hukumati bor joyda yerlilashdirish, musulmonlashdirish degan gaplar bo‘la beradir. Siz qovoq solib, lunjingizni pastga tushirganingiz bilan sho‘ro hukumati tutqon yo‘lidan keta beradir. Qo‘ying, ko‘p xafa bo‘lmang. Sho‘ro hukumati: «Ishingizi musulmoncha yurgizing, shunday qilmasangiz, to‘g‘ri kelmaydir», – deb bizning musulmonlarg‘a buyruq qilsa ham, bizlar boshimizni qalab, o‘… birmuncha o‘ylanamiz, «Qilaylikmi? Yo‘qmi?» – deymiz. Birmuncha o‘ylar, fol boqdirishlar, istixora qilishlardan so‘ng ul buyruqni bajo keltirishga qaror beramiz. Siz, mustamlakachi o‘rtoq, bajo keltirishdagi hunarlarimizni qarang. Sizga bir misol kelturay: Andijon inqilob-harb sho‘rosi bilan qo‘mitasi, shahar mahkamalari, idoralari, do‘kon-savdoxonalaridagi viveska (unvon)larni musulmonchalashdirishga qaror berib tegishlik buyrug‘ini chiqardi. Bir-ikki hafta o‘tgandan so‘ng katta-katta, quloch-quloch viveskalarning ustida qarich-qarich, vershuk-vershuk kelaturg‘an «qo‘shma» (ilova)lar paydo bo‘ldi. Agar yaqinga borib durbin bilan qarasangiz, haligi «qo‘shma» tunukalarga chizilg‘on xatlarni o‘qiy olasiz. Masalan: Andijonning markaziy suratxonasi Medved familiyalik bir kishiniki ekan. Ya’ni suratxonaning kattasi «Medved» degan bir bandai Xudoning avlodidan ekan. Shul ham viveskani musulmonlashdiribdir, ya’ni «Sentralnaya fotografiya. Medved»ning ustiga musulmon xati bilan «Markazsuratxona. Ayiq» deb yozibdir. Ana xolos, bo‘ldi-ketdi. Yana bir misol: Eski shaharda, Qatorterakning boshida (Inqilob darvozasi yonida) bir idora paydo bo‘lubdirkim, musulmoncha viveskasi mana shu: «Kina mahkama najolis melisa furkur uli rayon Andijon eski uyazdini». Men buning musulmonchasidan, azbaroyi Xudo, hech narsa fahmlamadim. O‘ruschasini o‘qiganimdan keyin bildimkim, «Andijon shahar atrofining melisa idorasi» ekan… Biz ham «Darxon» gazetiga bir viveska buyurdik. Bir Xudo yarlaqab, o‘shal ko‘chalardan o‘tib qolsangiz, ko‘zingiz yo‘g‘on bir viveskaga tushar. Viveskaning yo‘g‘on o‘ruscha xatlari ustida musulmoncha yozilg‘on shu xatlarni ko‘rarsiz: (eski arab yozuvida) «O‘zbekcha «Darxon» gazetasi idorasi»). Hozirdan aytib qo‘yaylik: ul xatlarning ma’nosi munday bo‘ladir: «O‘zbekcha «Darxon» gazetasining idorasi»… Balli, otangga rahmat, o‘lma, musulmon!.. Muttahid frontimizning birinchi vazifalari Nihoyat, Toshkent yoshlari Turkistonning markazida ishlab yurgan mas’ul maorif xodimlari maorif va madaniyatimiz ustiga kelayotkan zo‘r tahlikani angladilar. Gazetamizning Yangi yil sonida bosilg‘an “Yerlik xalq maorifida muttahid front” sarlavhalik xitoblari bilan jaholat va taassub otliq “qora balo”ga qarshi birlashib qo‘zg‘oldilar. Toshkand maorif oqsoqollarining bu harakatlari juda vaqtida bo‘ldi. Agar bir oz keyin bo‘lg‘anda ham kechikib qolmog‘imiz ehtimol edi. Negakim hukumatimizning kechirmakda bo‘lg‘an pul tangligini (moliya buhroni – финансовый кризис) hali yengilgani yo‘qdir. Hukumatimiz bu tanglikdan qutulmoq uchun har nav chora va tadbirlarni ko‘rmakdadir. Mamlakatning hamma ishini bir daraja oqsatib turg‘an bu tanglikni yo‘qotmoq uchun pul-moliya ishlarini puxtalab tejash lozim bo‘lsa, bu yo‘lda maorif ishlariga zarar keltiraturg‘an ba’li bir choralarni ham ko‘rmakka, qo‘llanmoqqa to‘g‘ri keladir. Shuning uchun maorif ishlarida biz hukumatga ortiq zo‘r umidlar bilan tayana olmaymiz. Maorif muassasalarimizning ko‘pini o‘z gardanlariga olg‘an mahalliy mablag‘larimiz esa ortiq darajada buzuq yo‘lsizdirlar. Demak, ular bilan ham biz istaganimiz natijaga hali-beri yeta olmaymiz. Shunday bo‘lg‘andan keyin endi birdan-bir yo‘l bizga “O‘zing uchun o‘l, yetim!” shiori-da qoladir. Bizning muttahid frontchilarimiz o‘zlarining ketaturgan yo‘llarida shu shiorni mahkam ushlagan ko‘rinalar; ularning xitoblarida shu haqiqatlar juda ochiq ko‘rsatmishdir. Muttahid frontni uyushtirg‘an markazdagi maorif oqsoqollari front ochilg‘andan so‘ng qilinaturg‘an ishlarga bir dam ham kechikmasdan yopishmoqlari lozimdir. Frontni ochishda kechikishdan saqlang‘an bo‘lsalar, uning birinchi vazifalarini boshlashda ham sira kechika ko‘rmasunlar, bu yo‘ldagi kechikish natija e’tibori bilan bab-barovardir. Frontning birinchi vazifalari, bizningcha, o‘lkaga tarqalib ish boshlamoq, milliy boylig‘imiz bo‘lg‘an vaqflarg‘a yopishmoq bo‘lsa kerak. O‘lkada ishlamak, mahallalarning haqiqatan o‘lib qolg‘an maorifini go‘rdan tortib chiqarmoq vazifasi sira kechikdirilishga yaramaydir. Mahallalarda naridan-beri maorif ishlariga aralashib kelayotqan yoshlarga anglamas miyalar tomonidan qo‘l tekizilmakka boshlag‘ani to‘g‘risida daraklar kela boshladi. Masalan: Samarqandda maorif ishlarini yaxshi yo‘lga qo‘yib kelayotqan maorif mudiri Vadud o‘rtoqning ishdan bo‘shatilib, o‘rniga yerlik xalq maorifi bilan ko‘pda aloqasi bo‘lmag‘on kishilarning qo‘yilg‘onlig‘i to‘g‘risida “Zarafshon” rafiqimizda bir bosh maqola o‘quduk. Vadud o‘rtoq to‘g‘risidag‘i bu o‘runsiz harakat Samarqand yoshlari orasida “Mana, aytmadikmi, biz yoshlarg‘a ishlagali yo‘l bermaylar…” degan bir fikr tug‘dirg‘an. Holbuki, bu fikrning tug‘ulishi bizning muttahid frontimizg‘a qarshi biqindan yasalg‘an hujum kabidir. Bu hujum bizga o‘z kishilarimiz tomonidan bilmaslik orqasida qilinib turulg‘an hujumdir. Bizning muttahid front oqsoqollarimiz bir kamisiya yoki bir to‘da holida tezlik bilan mahallarga borib yoki markaziy hukumat bilan onglashib bu hujumni qaytarishlari, balki butkul yengib tashlashlari tegishdir. Muttahid frontning birinchi vazifalaridan yana biri vaqflar masalasi deb edik. Yaqinda bu to‘g‘rida markaziy hukumat mahkamalarida juda yaxshi qarorlar chiqarildi. Shu qarorni darhol yuzaga chiqarish ishiga kirishmak, qaror yozilgan siyoh qurumasdan turub rejani chizib olmoq markazdagi maorif oqsoqollarining muhim va g‘alabaga qarata olib boraturg‘an qarzlaridur. Yuring, o‘rtoqlar! Muzofot ijroqo‘mi diqqatiga BU HAM BIR TOUN (O‘LAT) Xiva, Turkmaniston tomondan kelayotqan toun balosi daf’ qiling‘ang‘a o‘xshamaydurkim, matbuotimiz ham jim bo‘lub qoldi. Albatta o‘z vaqtida tegishlik choralar ko‘rulgandan keyin unday balolarni daf’ qilmoq, hech bo‘lmag‘anda ulardan boshqa sog‘ tanalarni saqlab qolmoq mumkindur. Bir joydan, bir rayondan shunday ma’lum, tanilgan balo chiqqanda ham besaranjam bo‘ladur. Matbuot ham faryod qiladur. Hukumat ham ahamiyat beradur. Tegishlik idoralar ham jiddiy choralar ko‘rub, vaqti-vaqtida oldini oladurlar. Lekin, ba’zi bir balolar bordurkim, zararlari haligilardan kam bo‘lmag‘ani, balki ortib ketgani holda ularga hech kim ahamiyat bermaydur, xalq ham qiyomat to‘palang qo‘zg‘atmaydur. Buning sababi nima? Buning sababi shudurkim, u balolar bir joy va bir rayonda, birdan va ulgurji paydo bo‘lmasdan, keng xalq orasida yolg‘iz-yolg‘iz asta-asta paydo bo‘ladur. So‘ngra, u balolar haligilar kabi tanilgan ham bo‘lmaydur. Tanilgan baloning eng kattasi, yuqorida aytganimdek, toun (o‘lat) edi. Amudaryo bo‘ylarida paydo bo‘lushi bilan darhol oldini olib yo‘q qildilar. Lekin zarari undan kam bo‘lmag‘an bir balo bu kun Farg‘onaning ba’zi bir shaharlarida davom qilib turadur. Muning bilan hech kimning ishi yo‘q. Menim toun qatorig‘a qo‘yg‘anim u kasal: yosh bolalarda ko‘rulgan yo‘tal kasalidur. Anjan va O‘sh shaharlarining ko‘b joylarida shu kasalni ko‘rdim. Bir kechaning ichida bechora bola eng kami 20 marta yo‘taladur. Ba’zan bu yo‘tal 1,5 minut davom etib, bolag‘a juda yomon azob beradur. Shirin bolalarini doim shu qiynoqda ko‘rgan ko‘p ota-onalar jonlarig‘a tekkan vaqtda “muning bu xilda yashashidan ko‘ra o‘lgani yaxshi edi” derlar ekan… Shaharlarimizda “ishlab” kelayotqan “faol” sog‘liqni saqlash mahkamalarimiz bu kasalga qancha ahamiyat berdilar ekan, xabarim yo‘q. Lekin, ularni bir tarafga olib qo‘yg‘anda, xalqning o‘zi ham bu to‘g‘rida umumiyroq bir besaranjamlik ko‘rsatmaydur. Har oila shu baloga yo‘luqg‘an bo‘lsa o‘z dardini o‘zi tortadur, bas. Lekin, buni bu holda qoldirmoq mumkin emas. Ayniqsa, hozirgi hukumatimiz zamonida kelgusining hur vatandoshlari bo‘laturg‘an kichkina uka va singillarimizni ko‘z oldimizda shu baloning panjasiga tashlab qo‘yishimiz katta xiyonat! Farg‘ona muzofot ijroqo‘mi va undan yuqoriroq turgan idoralar yosh kuchlar uchun kelgan bu tounga qarshi butun kuchni safarbarlik ostig‘a to‘plamoqlari kerak. Muzofot ijroqo‘mining II yalpi majlisi Muzofot ijroqo‘mining ikkinchi yalpi majlisi 15-martda chaqirg‘an edi. Garchand chaqirg‘an vakillar shu kunga yetib kelsa-da, majlisda markazdan kelgan o‘rtoqlarning ham ishtirok etishlari matlub bo‘lganidan, ular o‘sha kuni Farg‘onadag‘i firqa a’zolarining‘ umumiy majlislarida bo‘lg‘anliklaridan belgilangan qun 15-martda yalpi majlis ochilmay, ertasi – o‘n oltinchida erta bilan soat o‘nda o‘rtoq Alixo‘ja o‘g‘li tomonidan ochildi. Bundan so‘ng birinchi so‘zni Turk Jumhuriyati Xalq Kamisarlari Sho‘rosining raisi o‘rtoq Islom o‘g‘li olib, hozirgi vaqtda Farg‘onag‘a berib turgan yordamlar to‘g‘risida so‘zlab o‘tdi. Islom o‘g‘lining ma’ruzasi bitkandan so‘ng, yalpi majlis o‘zining ro‘znomasidagi masalalarni ko‘rishka boshladi. Ro‘znomadagi masalalar shular edi: 1) muzofot ijrokumining uch oy ichida qilgan ishlarining hisobini; 2) mahallalardan ma’ruzalar; 3) qishloq xo‘jalig‘i to‘g‘risida; 4) moliya va soliq siyosatlari to‘g‘risida; 5) idoralarni yerlilashtirish; 6) maorif to‘g‘risida. Muzofot ijroqumining 3 oylik qilg‘an ishlari to‘g‘risida o‘rtoq Alixo‘ja o‘tli o‘zining ma’ruzasida bosmachiliqni bitirish, Farg‘ona qishloq xo‘jalig‘ini tirkizish, moliya ishlari, idora ishlari va mahalliy sanoat-xo‘jalik ishlarini yo‘lga qo‘yishda ko‘rilgan choralar va ko‘rilgan muvaffaqiyatlarni to‘kus-tugal aytib o‘tdi. Mahallardan bo‘lg‘an ma’ruzalarda uyezd ijroqo‘mlarining raislari yuraklarida to‘lub qolg‘an hamma dard-hasrat va kamchiliklarini bir-bir bayon etib, bu yalpi majlisga o‘zlarining tilaklarini vujudga chiqarishni taklif etib o‘tdilar. Qishloq xo‘jalig‘ini va sug‘orish ishlarini to‘g‘risida ma’ruzachi o‘rtoq Hojiboy o‘g‘li qishloq xo‘jalig‘i va sug‘orish ishlarini yo‘lga qo‘yish, yersiz va yeri oz dehqonlarni yer bilan ta’min etish to‘g‘risida qanday choralar ko‘rulayotkanini bildirdi. Moliya va soliq siyosati to‘g‘risida ham o‘rtoq Sayid Ali o‘g‘li bilan o‘rtoq Burnashovlar soliqlarning qaysi xilda tushub turganligi, yarim yillik moliya yili ichida tushkan daromad va qilingan masoriflarning hisobini boshdan-oyoq aytib berib o‘tdilar. Hamma ma’ruzalarning ichida eng ahamiyat va diqqat bilan tinglangan ma’ruza idoralarni milliylashtirish to‘g‘risidag‘i ma’ruza bo‘ldi. O‘rtoq Alixo‘ja o‘g‘li muzofot yerlilashtirish kamisiyasining raisi bo‘lishi sifati bilan bu haqda qilingan ma’ruzasida kamisiyaning kamchiliklarini aytib o‘tishi bilan barobar bu yo‘lda ko‘rulib va qilinib turgan moneliklarni na qiyin sharoit ichida anchagina muvaffaqiyatlar ham ko‘rilganligini, uyezdlarning bu to‘g‘rida hech ish ko‘rsata olmag‘anliqlari, hatto shu vaqtga dovur muzofot kamisiyasi bilan bir daf’a ham aloqada bo‘lub, o‘zlarining boru yo‘qlarini bildirmag‘anliqlariga ko‘braq to‘xtab o‘tdi. Ma’ruza tamom bo‘lgandan so‘ng muzofot kamisiyasi tomonidan hozirlang‘an 9 moddalik qaror o‘qulub, bir og‘izdan qabul etildi. Mundan so‘ng ma’ruza maorif to‘g‘risida bo‘lsa-da, bilmadik, nima sabab bilan bo‘lsa kerak, majlis ma’ruzani eshitishni ortiq ko‘rub hozirlang‘an qarorni ba’zi bir qo‘shumchalar bilan qabul qilib qo‘ya qoldi. Maorif to‘g‘risidagi ma’ruzadan so‘ng o‘rtoq Burnashov birlashkan qishloq xo‘jaliq solig‘ining asoslari to‘g‘risida (ma’ruza) qilmoqchi bo‘lsa-da, vaqt juda kechikib qolganlikdan, kechqurun soat 12 da yalpi majlisning to‘rtinchi o‘lturushini yopib, ma’ruzani ertasi 17-martdagi so‘nggi majlisda eshitmakka qaror qilib majlis yopildi. 17-martda erta bilan soat to‘qquzda so‘ngg‘i majlis ochilib, haligi ma’ruzadan so‘ng rasman 16 martda boshlab ochilg‘an yalpi majlisni o‘rtoq Alixo‘ja o‘g‘li “yop(il)di” deb e’lon qildi. Muzofot ijroqo‘mining bu ikkinchi plenumining qilingan ma’ruzalariga chiqarg‘an qarorlari gazetamizning kelasi sonlaridan boshlab bosilur. Muzofot qursindagi voqea “Muzofot turk muallimlar qursi”ning talabalar yotardirgan iqomatgohina (ilgarigi rus-yerli maktabi binosinda, soy bo‘yinda), andijonlik talabalar turgan xonaga seshanba kuni 29 nchi iyulda kechasi soat 12 larda 10-15 nafar noma’lum yaroqlik bosmachilar kirub, “Asrorxon” degan yigit bormi?” deb so‘rab, 3 nchi tabiiyot sinfi talabalarindan Asror Akbarzoda “menman!” degandan keyin uni oldilariga solishub, boshqa talabalarning kiyim, ust-bosh va pullarini talab, olub chiqub ketdilar. Talabalardan ba’zilari 3-4 mingga pullarli narsalarini oldirdilar; xususan usmonli (Turkiya) taba’asi Maqsud afandi Fidoiy quruq bir ko‘ylak va lozim ila qoldi… Boshqa zarar yo‘q. O‘g‘rilar miltiqsiz bo‘lub, quruq “nagan” usulindagi to‘ponchalar ila qurollangan, ul to‘ponchalar ham hujraga kirganlardan, faqat 4 nafarida bor edi. O‘zlari yangi fo‘rmada kiyingan, bir-birlarini “tovarish” (o‘rtoq) deb aytishar edilar. Eshikda turganlari ichkaridagilarga hatto ruscha: “iskori tovarish!” (tez bo‘l, o‘rtoq!) deb turdilar. Ular o‘zlarini Andijon uyazinda bo‘lg‘an mashhur Mahkam hojiga nisbat berdilar; qarandash qalam bilan xunuk qilib muallimlar ismina yozilgan xatda “Asrorning kerak bo‘lsa Mahkam hoji yonidan, yo soldat yoki muallimlar o‘zlari borub olub kelsalar kerak ekanligi” bayon etiladir va tagiga ruscha xunuk xat bilan “Mahkam Xodjayef” deya yozilmishdir. Xatning ravishi Mahkam Hojiga hech aloqasi yo‘qday ko‘runadir. Qurs binosini saqlashda ilgari bir nav’ beparvolik bo‘lsa ham, shul voqeadan keyin binoni yaxshilab saqlamoq uchun kerakli tadbirlari ko‘ruldi. Zarar tortgan talabalarg‘a ham moddiy yordam etilajak. Butun muzofot musulmon mehnatkashlarining kelajakda chin mehnatkash bo‘lub tarbiya etiladurg‘an bolalarini tarbiya etadurg‘an muallimlarga bu jinoyatni ishlag‘an bosmachilar ne qadar shoyoni nafrat bo‘lsalar, muzofot markazi bo‘lgan bir shaharda shunday ahamiyatli bir joyni yaxshilab saqlamay, o‘z vazifalarina beparvolik qilgan hukumat kishilarida shul qadar taassufga shoyondirlar… Neft uchun kurash Neft… Mana, keyingi vaqtda jahongirlar o‘rtasida bo‘lg‘an bitmas-tuganmas talash, janjallar, oxiri ko‘rinmagan siyosiy muzokaralar va diplomat maynabozliqlarining sababchisi neftdir. Jahongirlarning butun tutqan siyosatlari, qilg‘an harakatlari yana neft bilan o‘lchanadir. Neft dunyo siyosatida muhim, juda muhim ro‘l o‘ynamoqg‘a boshladi. Burjuaziya buning uchun har soatda bir-birining bo‘g‘ziga osilmoqg‘a, zarur bo‘lsa behisob qon to‘kishga hozirdir. Yovrupo diplomatlarining har bir harakati, har bir so‘zi mayda xalqlarni muhofaza, “mazlum millatlarga istiqloliyat” deya ashula qilishlari sulhparvarona aljishlari… tegida bularning aslini tekshirib ko‘rsak neft yotadir. Dunyo hukmdorlarining butun harakatlari, butun siyosiy o‘yunlari – hammasi neftga borub tirkaladir. Bu narsa jahongirlarning kecha-kunduz ko‘z oldilarida; ular buning bilan o‘zlarining “nafis” qo‘llarini qora qilmoqdan ham qo‘rqmaydirlar. Jahongirlarning butun kanferensiyalari, ulug‘ davlatlarning behisob “nufuz doiralarini” belgilash majlislari va hokazo, shuning ichida bo‘lub o‘tkan Genuya, Gʻag‘a, o‘shandoq yaqinda marhum bo‘lg‘an Luzon kanferensiyasida ham eng shovqunliq mas’ala Mesopotamiyada neft chiqaturg‘an muhim bir rayonning markazi – Mo‘sul shahri ustida edi. Bunda eski yo‘lbosar davlat Angliya va Amriqo yoqalashadir, qolg‘an davlatlar o‘zlarining manfaatlariga qarab shunlardan birining tomonini oladirlar. Mana, baynalmilal siyosatda neftning tutqan o‘yuni… Buning sababi nima? Sabablari juda ochiq: hozirgi kunda katta sanoatning o‘suvi va buning uchun yoqish asboblarining zarurligi, bu bir; neft, toshko‘mirga qarag‘anda ko‘broq issig‘liq beradir, shuning ustiga neftni chiqarish va yoqmoq uchun toshko‘mirga ketgandek ko‘b kuch sarf qilinmaydir va arzonroq turadir, bu ikki, uch. Shuning bilan barobar yuk tashimoq yo‘llarida buning ahamiyati ulug‘dir. Neft bilan harakatga kelaturgan urush kemasi, toshko‘mir bilan yuraturganiga qarag‘anda uch martaba va balki ortig‘roq tez yuradir. Yuk tashimoq yo‘llarida, katta sanoatda neft bilan ish ko‘rish kundan-kunga ortadir. Toshko‘mir va boshqa yoqish asboblari sekin-sekin ikkinchi va uchinchi plang‘a ko‘chadirlar. Shuni ham esdan chiqarmaylikkim, neftdan tag‘in benzin, yer ko‘miri, asfalt, gazalin, har xil yoqish va surkash yog‘lari va g‘ayrlar ishlab chiqariladir. Mana bu hollar neft chiqarish ishining kundan-kun o‘sishiga asosiy amallardir, albatta neft sanoati hali ko‘b yoshqa kirgani yo‘q. 1870 nchi yilda butun dunyo masshtabida faqat 50-55 milyon pud neft chiqarilur edi. Lekin bora-bora buning mahsuloti ortub, 1920 nchi yilda 5.552 va balki ortug‘roqqa chiqdi. Demak: ellik yil ichida neft chiqarish yuz martabadan ortig‘roq ko‘tarildi. Dunyoda nihoyatda ko‘b neft iste’mol qilg‘uvchi ikki davlat – Angliya va Shimoliy Amriqodir. Shimoliy Amriqo neft iste’mol qilishda birinchi mamlakat hisoblanadir. Angliyaning o‘z chegarasida (balki 165 ming tonna neft bergan Shotlandiyani hisoblamag‘anda) neft chiqarolmaydir. Lekin dengizlarda podshohliq qilmoq uchun yaxshi urush kemalariga molik bo‘lmoq ustiga, shunga yetarlik neft o‘choqlarig‘a ham ega bo‘lish kerak. Angliya o‘ziga kerak neftni (qora yog‘) chet ellardan oladir. 1920 nchi yilda chet ellardan 3363 tonna (bir tonna oltmish ikki yarim pud) neft sotib oldi. Bu bo‘lsa neft jihatidan Angliya juda qiyin sharoitlarda ekanligini ko‘rsatadir. Angliya mustamlakalarida har yili quyidag‘i miqdor neft chiqariladir: Birma . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . 8 milyon bochka Hindiston . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . 1 milyon 200 ming tonna Trinidat . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . 3 milyon bochka Misr . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . 1,5 Qanada . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . .1 Mesopotamiya . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . 10 ming Bundan boshqa Angliya kapitalistlari yangi Zelandiya jazirasida, Somali, Novuy Gvineya yarim oqalarida, Falastinda va boshqa yerlarda neft chiqarmoqqa kirishdilar. Lekin bir Angliya qo‘l ostida chiqarilg‘an miqdor neft uning sanoat, savdo va harbiy kemalariga kerak ehtiyojlarni yopa olmaydir. Chunki neft chiqarg‘an mustamlakalarning o‘ziga ham neft kerak, ko‘piga o‘zlariga o‘zlarida chiqarilg‘an neft yetmasdan chet ellardan neft sotub olmoqg‘a to‘g‘ri keladir. Hindistonda 10.200.000 tonna neft hosil qilinsa ham, buni chetga chiqarish haqida og‘iz ochib bo‘lmaydir. Chunki Hindistonning o‘zi o‘zida hosil bo‘lg‘an miqdordan ortiq neft iste’mol qilub, yetmaganini Eron, Hollandiya Hindistoni va Shimoliy Amriqodan keltiradir. Shundoq qilib Angliya neft bilan ta’min qilish ishida tamoman Amriqo qo‘lidadir. Angliya 1920 yilda chet ellardan sotub olg‘an neftning 61% ni Shimoliy Amriqo jamohirul-mutafaqasidan oldi. Shuning uchun Angliyaning urush natijasida qo‘lig‘a kirib qolg‘an mustamlakalari Misr, Mesopotamiya va boshqalarni ikki ko‘zini saqlag‘andek saqlamog‘i tabiiy bir holdir. Angliya uchun qanallar, bo‘g‘ozlar juda muhim ro‘l o‘ynaydir. Albatta, uning uchun bo‘g‘ozlarning har bir mamlakat kemalari uchun ochiq bo‘lishi hech to‘g‘ri kelmaydir. Ul dengizlarda podshohliq uchun o‘ziga neft o‘choqlarini ta’min qilmoqchidir. Neft xususida Angliyaning holi shu. Endi Amriqog‘a kelaylik: bu mamlakat neft mas’alasida juda yaxshi holdadir. Butun dunyoda hosil bo‘lg‘an neftning 70-80 foizi Shimoliy Amriqo jamohirul-mutafaqasining yolg‘uz o‘z chegarasidagina hosil qilinadir. Shuning bilan birga bu mamlakatning nufuzi ostida neftga juda boy bo‘lg‘an Meksika mamlakati turadir. Yolg‘uz bir Meksika neft o‘choqlari ishlagan taqdirda butun dunyoning ehtiyojini ta’min qilishqa va balki undan ham ortiq chiqarishqa qodirdir. Demak, Amriqo bilan neft mas’alasida raqobat qilmoq mumkin emas. Lekin neftga shunday boy bo‘lg‘an Amriqoning Angliya tomonidan Eron, Mesopotamiya va boshqa joylarda o‘ziga neft o‘choqlari olmoq harakatlariga tinch qaray olmaslig‘i va albatta o‘ziga ham qismat talab qilmog‘i bir oz ajib bo‘lub ko‘rinadir. Buning sababi nima? Sababi ma’lum: Amriqoda bo‘lg‘an neft zahiralarining kamayishi, o‘choqlarning kundan-kunga neftni oz bera boshlashidir. Amriqo har yili 400 milyon bochka neft iste’mol qiladir. Agar neft xarajati har yili shunday bo‘lub tursa Amriqoning butun berayotqan neft zahiralari 17-20 yillargagina yetadir. Amriqo uchun 10-20 yillardan keyin Angliya holiga tushish xavfi bor. Shuning uchun Amriqo jahongirlari neft haqida mas’ala chiqg‘anda albatta aralashadirlar va o‘zlariga qismat olishqa harakat qiladirlar. Ayrim mamlakatlarning neft munosabatida ahamiyatlarini belgilash uchun ularning yerda yotqan neft zahiralarini tasvir qilaturg‘an bir ikki raqamlarni ko‘rsatub ketamiz: Janubiy Amriqo . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . 73,6 milyard pud Shimoli Jamohirul-mutafaqa. . . . . . . . . . . . 56 Rusiya . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . 53 Eron va Mesopotamiya . . . . . . . . . . . . . . . . .. . . 46, 5 Meksika . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . 36 Hollandiya Hindistoni . . . . . . . . . . . . . . . . . 24 Rumoniya . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . 9, 4 Bundan Shimoliy Amriqo Janubiy Amriqodan orqada ekanligi ko‘rinadir. Albatta, bunday bo‘lg‘andan keyin Shimoliy Amriqo neft mas’alalariga bir chekadan tamoshabin bo‘lub qola olmaydir. Uning raqibi Angliya Mo‘sul neftini o‘z qo‘lig‘a kirgizdi. Angliya himoyasi ostida bo‘lg‘an va 1917 nchi yilda tuzilgan “Ro‘yal – detch – sheld” neft shirkati o‘zining tomirlarini – Kaliforniya, Meksika, Misr, Rusiya, Zond jaziralari, Qanada, Ruminiya, Eron va boshqa yerlarga yoyib bir neft dengizi tashkil qiladir. Bu shirkat 123 jam’iyatdan iboratdir. Endi o‘zida kamrak soluqlari kirgizgan Amriqo boshqa mamlakatlarda bo‘g‘ozlarning har bir millat kemalari uchun ochiq “Ozod savdo”larini kirgizish uchun talashadir. Bu Amriqo uchun foydalik va juda zarur. Amriqo Angliyaning o‘z neft o‘choqlarini ortdirmoq harakatiga qarshi va Angliyani o‘z qo‘lida tutmoqchi bo‘ladir. Mana bular o‘rtasida “neft dengizlari” uchun kurash, talash ketadir. Chunki “neft dengizlari” kim qo‘lida bo‘lsa, baynalmilal siyosatda podshohliq shuningdir. Genuya va Gʻag‘a kanferensiyalari shu neft (rus nefti) mas’alasida Amriqo va Angliyaning raqobatlari natijasida tarqaldilar. Luzon kanferensiyasi ham ko‘bincha Mo‘sul nefti mas’alasida bu ikki raqibning kelisha olmag‘anlig‘i uchun natijasiz yopildi. Nima edi, nima bo‘ldi? Shahar xo‘jalig‘i sho‘basi ko‘chib tushkan semun imoratning 3 xonasi qiroatxona-kutubxonaga band edi. Sho‘ba tushaturg‘an bo‘lg‘ach kutubxonaning eski arxivlar va boshqa qiymatbaho qo‘lyozma kitoblar turg‘an bir xonasini bo‘shatdirdilar. “Bu yerga ishxona, kanselar bo‘ladi zarur”, – dedilar. Kutubxona ul narsalarini qiroat zolig‘a ko‘churdi. O‘run torliqdan qiroat zoli endi barham yedi. Lokin bo‘shatilg‘an xonaga na kanselar, na ishxona ko‘chmadi. Balki shu’baning qorovulini o‘rnashtirdilar. Kunduzi kutubxonaga tushkanimda ul xonadan qiziq-qiziq tovushlar eshitdim. Yaxshi bo‘lg‘an, qiroatxonag‘a keraklik bir xonani sho‘balari uchun xushchaqchaq, o‘yun-kulgi makoni qilib qo‘yg‘anlar. Nonushta – Potishxon, qumg‘oningiz qaynadimi? – Salaybush, yaqinlashib qoldi. – Hali endi yoqalashib kelayotibdir deng. – Endiyoq mushlashib ketadir shu deganingizga! Egachisi Fotima o‘choq boshida qumg‘on qaynatib, singlisi Soliha so‘rida o‘runlarni yig‘ib turib bir-birlariga piching otishib hazil qilishar edilar. Egachisi Fotima o‘tdan yirog‘roq turub qolg‘an qumg‘onni o‘tning o‘rtasig‘a jildirib qo‘ydi-da, Solihaga qarab: – Huy Salayxon! Men choy damlab, dastarxon solib, buvimlarni o‘tquzg‘uncha g‘izillab havliga o‘tib qatiqning betini olib chiqmaysizmi? – dedi. Soliha havliga o‘tkani erindi va shu eringanini bildirmaslik uchun: – Bilmasdan gapirmang, kecha sut qaynatib qatiq uyutkanimiz yo‘q! – dedi. Fotima xoxolab bir kulgandan keyin: – Voy, o‘la qolay, kecha buvim qatiq uyutamiz deganda Turg‘unbushlarnikidan oqliq tilab chiqqan o‘zingiz emasmidingiz? – dedi. Soliha shoshdi, yuzlari qip-qizil anor bo‘ldi. Birpas nima deyishini bilmasdan tutulub turg‘andan keyin sust ovoz bilan aytdi: – Turg‘unbushlarnikidan oqliq tilab chiqqanim esimda boruv, ilgari kunigi ish deb o‘ylabman. – Yo‘q, kecha namozgarga yaqin emasmidi? – Mayli, unday bo‘lsa, chiqay. – Undaqa bahona qilmay chiqib kela qoling aylanay, kelin… – O‘la qoling, o‘zingiz kelin! Men hali yoshman. Erta-indin «yor-yor» qilib sizni uzatamiz, to‘yingizda bir o‘yung‘a tushay, bir tushay… Hamma hayron qolsun! – Mendan keyin sizga ham navbat kelib turubdir-da, otinbu. – Menga navbat kelmaydi, men buvimning boshini boqib qolaman. – Ha, buvingizning boshini boqarsiz, a?! Qaynanangizning boshini boqarsiz… – O‘zingiz boqarsiz, o‘zingiz boqarsiz, o‘zingiz boqarsiz, o‘zingiz boqarsiz… – Ha, alam qildimi? Chidamay ketdingizmi, oyim? Chidaganga chiqarg‘an muni… Hay, boring, tezroq qatiqning betini olib chiqing, qumg‘on qaynab qoldi! Soliha chinakam xafa bo‘lub qolg‘an edi: xo‘rlig‘i kelib, yig‘lag‘unday bo‘lub turub, burni bilan gapirib so‘radi: – Qatig‘ingiz qayerda? – Qayerda bo‘lar edi, havlida. – Bilaman havlidaligini, havlida qayerda deyman? – Havlida qayerda bo‘lar edi, o‘sha hovuzning bo‘yidag‘i sepoyada. Soliha boshig‘a to‘nini tashlab sudrala-sudrala chiqib ketdi. Fotima varaqlab qaynab, toshib turg‘an qumg‘onni o‘choqning bir chekkasiga olib qo‘yub choynaklarga choy sola boshladi. Fotima uch choynakka choy damlab o‘choqning oldig‘a qator chizdi-da, o‘zi nonushtaga joy tayyorlamoq uchun so‘rini supurushga kirishdi. Uzulub bir tutamg‘ina qolg‘an eski, kalta, yalanib ketgan oyim supurgi har bir ishqanishda yana bo‘lak-bo‘lak novda tashlar edi… Fotima har ishqanishda bir qarg‘ab, har to‘kulganda bir so‘kub yurub oxirda katta, olti-etti kishi qator yotaturg‘an so‘rini supurib bo‘ldi. Supurgini jahl bilan so‘rining tagiga irg‘itqandan keyin yuqorig‘a, o‘ng-so‘lga bittadan uchta to‘shak soldi. O‘rtaga malla dastarxonni yoyib qo‘yg‘andan keyin erina-erina bosib non-choy tashimoqqa boshladi. Non sevatdan qotqan-qutqan, burda-burda ushatilg‘an nonlarni olib turub o‘z-o‘ziga so‘zlandi: – Non ham uzulubdir. Hali xamir qilib, non yopish kerak ekan. Voy, o‘lsun, bu kun kunduzi anavi Ziynatnisalarnikiga chiqib shahardan kelgan eshonning qizlarini ko‘rub chiqayin deb edim. Eshonning o‘rtanchi qizi shunaqa dutor chalib ashulla qilar emishki, anavi O‘amza satang maqtay berib o‘ldi. Esizgina, ertaga… ketishib qolarmikin? – Hali uch-to‘rt kun shu yerda turushar emish, shoshilmasak ham bo‘ladir, – deb yo‘tala-yo‘tala uzumxonaning yonidag‘i uydan qizlarning onalari Saodatbu chiqib keldi. Qiz haligi gapirgan gaplarini onasi eshitib qolg‘ani uchun xiyli uyalib oldi. «Buvim gapni yana o‘sha to‘g‘rida boshlamasun», – degan xayol bilan shoshilib apil-tapil gap boshladi: – Buvi, muncha kech chiqdingiz? Men nonushtani qachonlari tayyorlab qo‘yub edim. Uch choynak choy allaqachondan beri o‘choqda dam yeb turubdir. Kampir, qizning baxtidan bo‘lub, haligi to‘g‘rida gap qo‘zg‘atmasdan, nonushta to‘g‘risida surushturub ketdi: – Uch chaynak choyning nima keragi bor edi? – Hay, nonushta qilib o‘lturub ichmaymizmi? – Nonushtada uch choynak choyni kim ichadi? Bekor isrof bo‘lub qolib ketadir. – Biror choynak ortib qolsa, sovutub qo‘yarmiz. Akam ba’zi vaqtda yaxna choy deb nax olamni buzub yuboradi. – Nonushtani qayerg‘a tayyorlading? – So‘riga. – Ayvong‘a tayyorlasang bo‘lmasmidi? So‘riga endiyoq oftob tushub qoladi. – Hah, hali oftob tushishiga… 20 sohat bor. Chiqib o‘lturung, men hozir choyni olib boraman. Saodatbu indamasdan so‘riga chiqib o‘lturdi. Dastarxong‘a allaqancha burda, ushoq nonlar bilan ikkita piyola qo‘yulg‘an edi. Fotima bir choynak choyni olib kelib onasining oldig‘a qo‘yg‘ach dedi: – Qumg‘onni yana qaytib o‘tga qo‘yub kelay, hali akam kelib qolsa, nonushtasiga choy kerak bo‘ladir. Choyni siz o‘zingiz quyub ichabering. Yugurib o‘choqning oldig‘a bordi. Katta, eski, qorayib ketkan mis ko‘zadan qumg‘ong‘a suv to‘ldirg‘ach labini tishlab turub katta qumg‘onni o‘choqning o‘rtasig‘a qo‘ydi. O‘choqqa katta bir tut tomirini tiqishtirg‘andan keyin alangasi tugagan o‘tni puvdab yondirdi-da, sekingina so‘riga kelib o‘lturdi. Choyi bor piyolani aylantirib sovutib turg‘an Saodatbu choynakni choyi bilan qizig‘a uzatdi-da: – Salaying qani? – deb so‘radi. Kampirning bu so‘rog‘i Fotimaga juda bo‘lub berdi: shu so‘roqqa javob berish bahonasi bilan ko‘nglidagi achchig‘-chuchugini bir yo‘li bo‘shatib olmoqchi edi. Shu uchun birga o‘n qo‘shub gapira boshladi: – Salayingiz to‘g‘risida, buvi, nima deyishimni bilmayman. Yotishda hammamizdan burun yotadir, turushda yana hammamizdan kech turadir. Tunov kun, anavi otinbularimiz kelishganda, savacho‘b bilan savab ham uyg‘ota olmadim. Bu qanday gap axir? Munday bo‘laturg‘an bo‘lsa, bu qiz hammamizni sharmanda qiladir! Axir birovg‘a – bir Xudo bandasiga berasiz-da shuni! Uziqararoq qaynananing qo‘lig‘a tushub qolsa nima bo‘ladir bu? Anavi Aziz shallaqig‘a o‘xshag‘an bir qaynag‘a yo‘luqsa bormi. Nax qadrimizni bir chaqa qiladir bu qizingiz!.. Saodat kampir munga juda ham yaxshi javob berdi: – Qanday qilayin, qizim, hammang bir qaro go‘rsan! U yomon bo‘lg‘an bilan, sen yaxshimiding? Seni uyg‘otmoq uchun o‘zim ham ko‘b savacho‘plarni sindirg‘anman… U hali yosh, senday bo‘lg‘uncha o‘zini tuzatib olar. Sen bo‘lsang erta-indin ketasan. Hali sening ahvolingga qarab turub ona sutim og‘zimg‘a keladir!.. Fotima o‘ylamasdan kaltak ko‘tarib qo‘yub o‘sha kaltakning tagida o‘zi qolsa ham, yana bor kuchini ishlatib o‘zini oqqa chiqarmoqchi bo‘ldi. Shu uchun onasi gapdan to‘qtar-to‘qtamas gap boshladi: – O‘sha qizingizdan yomon bo‘lsam bo‘lgan ekanman, buvi. Mening qilg‘anlarim sizga ko‘runmas ekan-da. U kenja qizingiz bo‘lg‘ani uchun sizga yaxshi ko‘runub ketar ekan-da… Bo‘lmasam, ro‘zgorning ishini kim qilib yotadir? Salayingiz nima ish qildi? Choy damladimi? Nonushtani tayyorladimi? Qatiqning betini olib chiqqani ketganiga allaqancha bo‘ldi, hali ham daragi yo‘q. O‘ynab qo‘shnidan-qo‘shnig‘a chopib yurgandir… Saodatbu indamadi, qiz ham jim bo‘ldi. Jimgina choy ichishga kirishdilar. Ichkari uy tarafdan taqur-tuqur tovush keldi, ikkalasi ham qaradilar. Chiqib kelayotqan kelinlari Parizod edi. Saodatbu darrov og‘iz ochdi: – Voy, kelin, sizni nonushtaga chaqirish ham esimizdan chiqibdir. Manavi Potish o‘lgur ham chaqirmag‘an ekan-da. Bularning eslari qursun, bularning! Fotima onasining gapini og‘zidan uzub olib o‘zini oqlash uchun yana bir vaj aytdi: – Bir qarasam, joyini yig‘ib turg‘an ekan, u vaqtda qumg‘onni endigina qo‘yub edim, shuning uchun chaqirmadim. Anavi Salayingiz chiqsa, nonushtani tayyor qilib qo‘yub, inaykin chaqirmoqchi edim. Oq ko‘ngillik, eslik Parizodxon bu kerak emas janjallarga kaltagina javob berdi: – Nonushtaga ham chaqirtirib o‘lturub, nima, men mehmonmidim? Nonushtani o‘zim chiqib tayyorlamag‘animg‘a xijolat bo‘lub o‘lub ketayotibman-u… Shu gapni aytkandan keyin betlarini yarim yopib turg‘an ikkita kokilchasini sekingina yon sochlari orasig‘a qistirib turub «Qizim, senga aytaman, kelinim, sen eshit!» degan maqolni o‘yladi. So‘ngra ko‘ksini juda kengaytirib havo to‘ldirib og‘ir-og‘ir bir dam oldi-da, Saodat kampirning so‘lg‘an va burushqan yuzlariga tikildi. Kampirning betiga bir kichkina cho‘p yopishib turg‘an ekan, qo‘l uzatub olib tashladi. – Voy, nima balo ekan? – dedi Saodatbu. – Bir xashak, yopishib turg‘an ekan, – dedi kelin. Fotima kelinga choy uzatdi. Kelin uning xiyliydan beri taralmag‘an sochlarig‘a qarab turub choyni oldi-da, astoydil va chinakam kulub turub: – Patmaxon, bugun sochingizni yuving, chiroyliq qilib o‘rub qo‘yaman! – dedi. Fotima ham kuldi. Yana jim bo‘lub choy ichishga kirishdilar. Ming‘illag‘an tovush keldi. Qaradilar: bir kosada qatiq beti ko‘targan Soliha edi. Onasi darrov g‘adablashga og‘iz ochdi: – Juvon o‘lgur qizim, ilohi, yashshamag‘ur qizim! Bitta qatiqning betini olib chiqish uchun shuncha hayalmi? Seni hech odam qilolmadim-da! Soliha qatiqni sekingina onasining oldig‘a qo‘ydi, o‘zi so‘riga o‘lturmay turub uzr aytishga boshladi: – Anovi… bug‘doy ekilgan yerning berigi chekasidagi bir tup qora gilos pishib tugayozibdir, shu choqqacha bitta ham yeganim yo‘q edi. Sizlar ham yeganingiz yo‘q, o‘zimizning og‘zimiz tegmasdan turib tugashga yaqinlashibdir. Hammasini birovlar yeb ketishibdir. Qatiqning betiga deb chiqsam, bir-ikkita bola devorg‘a chiqib olib hadeb mo‘tab yotqan ekan, borib urushdim. Menga qarab kesak otib-otib o‘zlari qochishib ketdi… Inaykin qarasam, gilos oz qolibdir, og‘zim tegib qolsun deb jindak terib edim… Solihaning bu «bahona»siga kelinbusi bilan opasi kuldilar. Onasi qovog‘ini solib turub: – Folbin lo‘liga o‘xshab javramay o‘la qol, ilohim, qilgan gunohingdan ham mana bu bahonalaring yomon… Havlida boshqa meva qurub ketkan ekanmi? Kunduzi bekorchilikda chiqsang nima bo‘lar edi? Vidiramay o‘l… O‘tur, nonushtangni qil! – dedi. Soliha chiqib o‘lturdi. Yana indamasdan choy icha boshlag‘an edilar. Shu choqda kelinchak hiqqillab kulub yubordi. Uning kulushiga qarab boshqalar ham kula boshladilar. Sababi bilinmasa ham, shunday qilib hammalari bir qur kulishib oldilar. Burushqan yuzlarini yana ko‘prak burushturub kulgan kampir o‘zini to‘qtatqandan keyin so‘radi: – Kelin, aynalay, nimaga kuldingiz? – Hech… shunday… o‘zimcha kuldim… – Voy, kishi bekordan-bekorga ham kulaberar emishmi? So‘zga qaqajon Soliha aralashdi: – Kelinbum mening gaplarimga kulayotqandir… Kelinchak yana kuldi. Bu Solihaga toza bo‘lub berdi. – Ana, rost, rost, mening gaplarimga kulayotqan ekan! – dedi Soliha. Shundan keyin kelinchak kulishini bir oz pasaytirdi-da, yana ochiq yuz va kulgan ko‘zlari bilan Solihaga qarab turub: – Yo‘q, Solihaxon, men sizning gapingizga kulganim yo‘q. Boyag‘i opa-singil ikovlaring gapirgan gaplarga kuldim, – dedi. Shundan keyin kampir so‘radi: – Bular nimalarni gapirishti, kelin? – Qizlaringiz ikalasi ham erga tegish to‘g‘risida gapirishib to‘yning rejasini chizishdilar. Yo‘q, unga ham kulmayman, haligi – qumg‘onni yoqalashtirib, mushlashtirib o‘ynag‘onlarig‘a kulaman. Kelinchak bu so‘zlarni zo‘rg‘a-zo‘rg‘a aytib yana kulishga boshladi. Uni ko‘rub qolg‘anlar ham kula boshladilar: yana kulish, qizarish boshlandi. Pastki kirpiklariga yopishqan uch-to‘rt tomchi kulgi yoshlarini lokisining uchi bilan artib turib kampir so‘radi: – Qumg‘onni yoqalashtirg‘ani nimasi? Qani, aytib ber-chi, Potish! Potish onasining bu taklifidan uyalib: – Yo‘q… Salayingiz aytib bersun! – dedi. Salay ham o‘z qatorida: – Yo‘q… Potishingiz aytib bersun! – dedi. Birmuncha qiyin-qistovdan keyin ikalasi ham hali-boya qilg‘an qiliqlarini yana qilib bermakchi bo‘ldilar. Fotima kula-kula o‘choqning oldig‘a keldi, Soliha so‘rida qolib boyag‘iday so‘z boshladilar: – Potishxon, qumg‘oningiz qaynadimi? – Salaybush, yaqinlashib qoldi. – Hali endi yoqalashib kelayotibdir deng. – Endiyoq mushlashib ketadir shu deganingizga! Yana kulish boshlandi… Oldanmayliq So‘ng vaqtlarda shaharimizda qo‘llarig‘a Mahkamai shar’iyalardan qog‘oz olg‘an yangi shakldagi gadoylar aylana boshladilar. Ular o‘zlarini Turkiya qo‘shuni xizmatidagi kurd askarlari deb tanitadirlar. Ular go‘yo, jahon urushida asir tushgan emishlar-da, endi elga qaytmoq uchun bu yerga kelganlar emish. Hozir, yo‘l xarajati uchun musulmonlardan iona so‘rab yuradirlar. Men ulardan ikki guruhga to‘g‘ri keldim. Bir guruhning qo‘lig‘a Andijon Mahkamai shar’iyasidan ikkinchi guruhning qo‘lig‘a Konibodom Mahkamai shar’iyasidan yordamg‘a da’vat qilib qog‘oz berilgan. Bu kishilar – menga nima uchundir shubhalik ko‘rindilar. Haqiqatan tegishlik bir ishga yordam qilamiz deb gadoylik kabi yomon odatni boshqa bir shaklga solmayliq. Oqposhshoning in’omi Kech qolgan bozorchilardan bir to‘dasi otlariga sho‘x-sho‘x qamchi berib ko‘chadan o‘tgach, kamqatnov ko‘chaning ko‘pda uvalib yetmagan yirik changlari har tomonni bulutdek bosdi. Shundan keyingina masjid jilovxonasida o‘lturganlar ko‘zlarini yumdilar. «Turkiston viloyati gazeti»ni ularga o‘qib berayotgan Mulla Shamsiddin ham ko‘zini yumub gazet bilan betini to‘sdi. – Ha, ivirsimay o‘lsin, qishloqi, – dedi u. – Nomozshom bo‘lganda bozordan qaytayotir… – Kech qolgandan otga shoshilib qamchi berishini ko‘ring, – dedi yana bitta chol. – Bitta-bitta yursa ham bir navi edi, hammasi baloday to‘dalashib yuradi tag‘in. So‘fining shu so‘zlaridan keyin chang bir oz tarqala tushib, yana mirzaning gazet o‘qug‘an ovozi chiqdi. Gazetning eng qiziq xabari Maskavdagi vistavka to‘g‘risida edi: u vistavkaga Sankt-Peterburg shahridan oqposhshoning o‘zlari kelar emish, vistavkada o‘z hunarini ko‘rsatgan har bir fuqarosiga shohona in’omlar berar emish. Duradgor usta To‘xtash garanish (pristuf) mahkamasining mirzasi bo‘lgan Mulla Shamsiddinga yuzlanib vistavkaga aralashuv to‘g‘risida maslahat so‘radi. Piyanista Shamsiddin negadir otaxonlar muomalasini qilib usta To‘xtashning vistavkaga atab tayyorlayturg‘an muyumini o‘z qo‘li bilan po‘chtaga topshirishga va’da qildi. Shomga azon aytilgach, ermakli qarashlar ostida machitga kirayotgan usta To‘xtashniig yuzlarida qunt qilgan odam halitdanoq o‘yunda yutib chiqqan qimorvozning nash’asini ko‘rardi… Bir hafta o‘tmasdan ichiga kattakon bir yog‘och kavush solingan posilka po‘chta orqali Maskavga jo‘nab ketdi. Yog‘och kavushni asliga qaraganda ikki-uch baravar zo‘r qilib tayyorlagan va bir poyining bir yog‘ini yelim bilan naridan-beri yopishtirib qo‘ygan ustaning o‘z didlari va cho‘tlari, shunga yarasha umidlari bor edi. «Oqposhsho ko‘radi, – deb o‘ylagan edi u. – Bu mamlakatdagi fuqarolarning munchalar yo‘g‘on oyoqli bo‘lishidan qotib-qotib kuladi. Ehtimol, kiyib ko‘rgisi keladi. Kiyib ko‘radi. Bir-ikki qadam bosar-bosmas «tap» etib yiqiladi. Bir kulgi beradi… Shundan keyin in’om kavushning o‘zidan ham katta bo‘ladi». Usta To‘xtashning qora baxtiga, oqposhshoning o‘zi kelmadi. O‘z o‘rniga allaqanday bir a’yon (senator)ni yuboradi. A’yon yonida Maskav gubernato‘ri va boshqalar bo‘lgani holda vistavkani qararkan, Turkiston bo‘limida usta To‘xtashning yog‘och kavshiga ham diqqat qildi: – Nima bu? Kalo‘shmi? – Shunday, taqsir, – dedi bo‘lim boshlig‘i. – A’lo hazratning Turkiston o‘lkasidagi qaysi fuqarolari muncha zo‘r kavush kiyar ekanlar? – Sartlar bo‘lsa kerak, taqsir… A’yon kuldi. – Sartlarning oyoqlari muncha yo‘g‘on bo‘lsa, o‘zlari qanday kelar ekan? – dedi. Kavushni olib ko‘rdi: ancha og‘ir edi. Yana so‘radi: – Buning sanoatda ahamiyati qanday? Bizning «pravo‘dnik» kalo‘shlari bilan raqobat qiloladimi? Bo‘lim boshlig‘i javob berdi: – Turkistonda bizning kalo‘shlarni tub joy xalq sira kiymaydi. Qishda ham mana shuni kiyadi… – Unday bo‘lsa, ichki Rusiyadagi sanoat shaharlaridan birida shu kalo‘shga atab katta bir zavo‘d ochish masalasini ko‘taringiz. Vatandosh sanoat rivojlansin. – Juda yaxshi bo‘ladi, – dedi Maskav gubernato‘ri, – o‘rmonga boyroq shaharlarimizning birida ochaylik… A’yon kavushni hali ham qo‘lida aylantirgani holda: – Buni kiyib ko‘rsataturg‘an bironta odam yo‘qmi? – deb so‘rab qoldi. Bu savol chaqmoq tezligi bilan bir necha og‘izda takror qilingach, burun Turkistonda ishlagan askariy to‘ralardan biri oldinga chiqdi: – Men bilaman, taqsir… Katta a’yonlarning maroqli nazari oldida bu kichkina to‘ra haddan tashqari zo‘r va qo‘pol kavushni kiyib bir-ikki qadam bosar-bosmas shop-shaloplari bilan guldirab yerga yiqildi va hammaning tortinchoq kulishi ostida zaldan chiqib ketdi. Shunda qari a’yon Maskav gubernato‘rining qulog‘iga usta To‘xtashga tegishli in’omni eshitdirgan edi. Shohona in’omni Maskav gubernato‘ri Turkiston gubernato‘riga, u viloyat harbiy gubernato‘riga, u, o‘z navbatida, uyezd hokimiga, u esa yarim kechaga yaqin telefo‘n bilan ikkinchi daha pristaviga eshitdirdi. Bemahal uyqudan uyg‘otilib usta To‘xtashning uyiga yuborilgan Jalol mirshab ustaning eshigini sindirguday bo‘lib taqillatdi. Ustadan burun qo‘ni-qo‘shnilar uyg‘onib chiqdilar. Usta To‘xtash kecha yarmida mirshabni ko‘rgach qo‘rqib ketdi. – Sevinchini katta bering, usta, – dedi Jalol mirshab. – Oqposhshoning in’omini keltirdim! Shundan keyin usta To‘xtash vahimasi bosilib, yuzida hayrat aralash bir sevinch hosil bo‘ldi. Lekin boshi hali ham garang edi. Ustaning yonidan bor pulini (olti tangani!) qoqib olgandan keyin Jalol mirshab uning qulog‘iga egilib dedi: – Xizmatingiz oqposhshoga juda ma’qul bo‘lib, sizga «ispasiba» aytib yuboribdilar! Usta To‘xtash mirshabni jo‘natib tashqarining eshigini zanjirlab ichkariga kirayotgan vaqtda ko‘ziga butun dunyo qorong‘i edi. Buning ustiga, ichkarida to‘polon boshlandi. Oqposhshoning in’omi kelganini eshitgan xotinlar (ustaning onasi va xotini) talashib nari-beri gapga borib qoldilar. Usta soqov singari tilini so‘zsiz qaldiratgani holda ikki ayolni musht do‘layib zo‘rg‘a tinchitdi. Erta bilan guzardan yo‘lkiraga loyiq pul topib viloyat markaziga kelgan usta To‘xtash viloyat gubernato‘rining muovini tomonidan qabul qilindi. Ustaning tilini undan yaxshiroq bilaturg‘an bu odamga To‘xtash arzini qisqa qildi: – Taqsir, Oqposhshoning bu katta in’omlari mendak faqir odamga og‘irlik qilib qoldi… Shu uchun sizga olib keldim… Usta amaldor bu nozik pichingni angladi va ta’sirlanib kulgani holda «ikki yuz so‘m berilsin» degan mazmunda bir farmoyish qog‘ozchasini usta To‘xtashning qo‘liga uzatdi. Katta in’omni katta amaldorga qoldirib ikki yuz so‘m pul bilan yumshoq vago‘nda o‘z shahriga qaytayotgan usta To‘xtash shu topda tovuq katagi bo‘lib turgan yopiqni daranglagan bir uyga aylantirishga qat’iy qarorini bergan, faqat kimning qiziga sovchi qo‘yishini bilmay hayron edi… Osmonda, yerda Qishloqning machiti hayitdagidak tiqin. Eski, yirtuq-yamoq yaktaklik, yalangoyoq dehqonlar machitning sahnida qoq yerda o‘lturadirlar. Narigi yoqda allaqancha tikka turg‘an kishilar ham bor. Unda-munda yelkasiga “beshotar” miltiq osqan milisa yigitlar ko‘runadirlar. Jamoa ijroqo‘mining raisi shoshilib, pishilib uyoq-buyoqqa chopib yuradur, uning qo‘lida bir necha o‘zbakcha gazetalar, bir muncha xitobnoma – shularning hammasini bir ayb bilan bog‘lab olib, ko‘tarib yurubdur… Uni – hali ham “Amin” deb ataydirlar. Machitning eshigidan 5-6 ta yorog‘liq milisalar bilan bo‘lus ijroqo‘mining raisi kelib kirdi. Uning yelkasida yopunlarning – o‘zlariga o‘xshag‘an kalta bo‘ylik – beshotarlari! Jamoa ijroqo‘m raisi yugurib, kelganlarning yonig‘a boradir. Bo‘lus ijroqo‘m raisi jamoa ijroqo‘m raisini ko‘rgandan keyin: Xo‘sh, eshoni amin boshlamadingizmi? – deb so‘raydir. Unga qarshi qishloq ijroqo‘m raisi kulib turib: Sizning kelishingizga qaratib turib edik, mingboshi dodxoh! – deydir. Bo‘lmasa boshlay berdik. Xo‘b. Jamoa ijroqo‘m raisi shoshilg‘ancha xalq orasig‘a kirib ketadir… Qiziq hol: O‘zbekistonning – eng chekka va qorong‘i qishloqlarining birida bo‘layotqan shu yig‘in (mitinga)da osmonda uchub yurish to‘g‘risida ma’ruza o‘qudilar. Yig‘in ochilmasdan ilgari qishloq yigitlari o‘zaro qiziq-qiziq gaplarni gapirishib o‘lturarlar edi. Shunday aylanib yursam o‘ntacha yosh yigit bir joyg‘a to‘planib olib, kulusha-kulusha gaplashadirlar: Osmonda uchamiz ekan-da! Qiyg‘irg‘a o‘xshab-a? Ha, xuddi qiyg‘irg‘a o‘xshab. Yo‘q-ye… Biz qiyg‘irdan ham o‘tub lochin bo‘lib ketamiz! Bedana tutub yeyishni ko‘rung bo‘lmasam. U vaqtda qiyg‘irning ham keragi yo‘q. Kaklikni ayting. Ey-y-y… maz-za!.. Ularning yonig‘a shahardan chiqqan bir tashviqotchi yigit boradir. Bir oz haligilarning gaplarini eshitib turg‘andan keyin haligi tashviqotchi yigit ham gapga aralashib, havo kemalarining iqtisod jihatidan keltiraturg‘an foydalarini tushuntirib ketadir. Mana uning gaplari: Akalar, kaklik bilan bedana yeyish-ku, hali qiyg‘ir bilan ham bo‘la beradi-ya. Lekin mana bu to‘palang yillarida buzulg‘an yurtni, vayron bo‘lg‘an shahar va qishloqlarni obod qilish kerak. Hammadan ko‘ra mana bu ish zarur… Dehqon yigitlar uning gapini bo‘lib: Rost aytasiz mullaka, hammadan ham bu zarur. Biz endi, boyag‘i gaplarni o‘ynashib, hazillashb aytkan edik-da! – deydirlar. Shaharlik yigit so‘rida davom qiladir: Mayli, hazil ham kerak. Besh-olti yildan beri hazil yuzini ko‘rganingiz yo‘q. Gapimizga kelaylik: obodliq degan narsa bordi-keldi qatnov bilan bo‘ladir. Qatnovg‘a ot – arava, poyiz, kema kerak. Bularning borolmayturg‘an joyig‘a tezlik bilan, osonliq bilan havo kemasi boradir. Masalan: Qashqar tomong‘a, Avg‘on tomonlar uzoq yaylovlarg‘a Maskav bilan Toshkantning o‘rtasi tez yuraturg‘an poyizga besh kecha-kunduzlik yo‘l bo‘lsa, havo kemaga bir kecha-kunduzlik yo‘l… Dehqon yigitlar hayron bo‘lib, yoqalarini ushlaydirlar: Qarang-a… Xudoyo tavba… Qani, hoy birodarlar, yaqinroq kelib o‘lturunglar, shahardan kelgan mehmonlar va’z aytar ekanlar! Jamoa ijroqo‘m raisining baland ovoz bilan aytkan shu gapidan keyin hamma duv-duv joyidan jilib davrani torroq oladir. Yig‘inning o‘rtasidan bo‘lis ijroqo‘m raisining xirillagan, kuchsiz, bo‘g‘uq tovushi eshitiladir: Yaxshilab quloq beringlar, to‘palang, shovqun, g‘ovur-g‘uvur qilmanglar, o‘zinglarga foydalik gaplar bo‘ladi! Hamma jim. Yig‘inning o‘rtasiga bir sandal qo‘yulg‘an. Sandalning tevaragida uchta yog‘och eshak. Unda bo‘lus va qishloq ijroqo‘mlarining raislari, shahardan kelgan ikki musulmon tashviqotchi, bir ovro‘pali qizil kamandir o‘lturadirlar. Jamoa va bo‘lis ijroqo‘mlarining mirzalari bilan, 2-3 ta melisa yigitlar ham bor o‘sha joyda… Maskavdami, Toshkantdami o‘qub yotqan yosh bir yigit “fo‘rum” kiyim ustidan yozliq shohi to‘n kiygani holda, sekingina sandal (tancha)ning ustiga chiqadir. Tutula berib oyoqlari band-bandidan ajralg‘an, so‘lqillab qolg‘an sandal, yigit chiqishi bilan uyoq-buyoqqa qingg‘ayib qo‘yadir… Yigit, bir-ikki pilanglab olib, sandalga qaraydir-da uyatqanidan yengilgina qizarib kular… Tog‘alar, akalar, otalar!… Yigitning jaranglab toza, kuchlik ovozi shu so‘zlarga qanot qoqib, yiroq-yiroqlarg‘a olib ketadir… So‘z tugagandan keyin ijroqo‘m raislariga ergashib bir muncha kishi sekingina, erinchaklik bilangina chappak chalib qo‘yadir. Sandalga yana bir yigit chiqadir. Tajangligi yuzlaridan belgili bo‘lg‘an bu arvoq va qotma yigit, muallim bo‘lsa kerak, birdan baland ovoz bilan so‘z boshlab, maorif mas’alasidan tushadir. Yigit qizidi. Sandal lang-lang qiladir, yigitning qo‘llari uyoq-buyoqlarg‘a uchub, birushta qimirlab turadir. Yuzlari qip-qizardi, terlar dona-dona bo‘lub, yuzlarida ko‘piklashdi… Yig‘ilg‘anlar jim, hech kim qimirlamaydir. Yigit – yig‘ilg‘anlarning og‘ir joylaridan, yaralariga nishtar bo‘lub tegaturg‘an narsalardan gapirdi shekilli… Dehqonlar orasida yenglari bilan ko‘zlarini artganlar bo‘ldi… Yigit so‘zini tamom qilib tushkandan keyin ijroqo‘m raislari chappak chalmadilar; nimaga desangiz, ularning yenglari ham, dast-ro‘mollari ham ko‘zlarida edi… Ovrupali kamandir ilgari va’z aytkan yigitdan so‘radi: Nimaga bular yig‘laydirlar? Va’z ta’sirlik bo‘ldi. Nima to‘g‘risida gapirdi o‘rtog‘imiz? Bilmaslik, tushunmaslik to‘g‘risida!… Bunga rosa 6 oy bo‘ldi. Bir zamon qish vaqtida yo‘l usti to‘g‘ri kelib qoldi-yu, o‘sha qishloqdan o‘tdim. Menga tanish selijroqo‘m raisi bir kecha meni olib qoldi, kechasi, gulxan qilib o‘lturub ko‘p kishilar bilan gaplashdim. Orada menga eng ma’qul bo‘lg‘an bir yigit bor edikim, u ham bo‘lsa – o‘sha qishloqda shu yil ochilg‘an yangi maktabning mudir va muallimi! Muallim, qishloq bolalaridan xursand. Ularni maqtab: Favqulodda iste’dod bor. Miyalari hech narsa bilan buzulmag‘an; toza, keng, xuddi o‘zlarining tolalarig‘a o‘xshaydir! – deydi. O‘tkan kuz haligi yig‘indan 1-2 oy keyin havo kemaning uchub o‘tkanini ko‘rubdirlar. Shuni, mehmonxonaga to‘plang‘an dehqonlar juda g‘alati qilib. Aytib berdilar. Ular – xiyla vaqtqacha “azkiya” qilishdilar, “payrav” bog‘lashdilar, bir-birlarini chandishdilar. Kulishdik. Men ham dunyo – olamning ahvolidan xiyla gapirib berdim. Osh qilib – cheka va qorong‘i qishloqlarda yurub ham osmon bilan yerni chaynashdik… Ota-bola san’atkorlar Xorazm… Eski kitoblarimizda «Xovarazm» deb yuritilardi. Ko‘pchilik o‘sha vaqtdag‘i xonlikning poytaxti bo‘lgan Xeva shahrining nomi bilan «Xeva» deb atardi. Bu ikkala nomni bilmasdan «Urganch» deb aytadiganlar ham bo‘lardi. Xullas, bukun jumhuriyatimizning olisrak bir okrugi hisoblangan Xorazm inqilobg‘acha Turkiston aholisining ko‘pchiligi uchun «Jobilg‘a, Sobilsa» o‘lkalari singari xayolsumon bir mamlakat edi. Bunga, albatta, Xorazmning jug‘rofiy vaziyati, ya’ni Turkiston o‘lkasining markazi va markazga tutashgan joylaridan olisligi, asl obod viloyatlardan chekkaligi, qatnov va qulay yo‘llardan mahrumligi, birdan-bir daryo yo‘li hisoblangan Amu yo‘lida o‘ng‘ay qatnov vositalarining bo‘lmaganligi edi. Axir Xorazm qo‘shiqchisi mashhur Safo Mug‘anniy O‘zbekiston oqsoqoli o‘rtoq Oxunboboyevni Xorazm mehnatkashlari nomidan ashula bilan qarshilarkan: Xorazm bir uzoq okrug, Yo‘llari yo‘q, buzuq ko‘pruk, – deb shikoyat qildi-ku! Shu uchun emasmiki, jumhuriyatimizning rahbarlaridan birontasi borib qolsa, Xorazm mehnatkashlari uchun katta bir to‘y bo‘ladi va u shodlik darhol she’rda (ashula) va cholg‘u (kuy)da aks etadi. Buyuk inqilob olislarni yaqin qildi, masofalarni kamaytirdi, eskilarcha aytsak, «erning tanobini tortdi», ajralganlarni birlashtirdi, yashiringanlarni ochdi, ko‘lagada qolg‘anlarni yoruqliqqa olib chiqdi. Bugun mamlakatimizning yoshi-qarisi uning muhim bir bo‘lagi bo‘lgan Xorazmni biladi, taniydi, uning san’atkorlari bilan yuzma-yuz kelib tanishdi, uning tarixin o‘qub bildi, kechmishdagi qora sahifalarini varaqladi, xonlarning qonli davrini va u xonlarga qarshi ko‘tarilgan ko‘pchilik harakatlarini o‘rgandi. Bugun Xorazm mehnatkashlari ham butun O‘zbekiston, butun O‘rta Osiyo va butun Ittifoq mehnatkashlari bilan birga o‘z viloyatlarida sotsializm qurib, yangi, to‘q va quvnoq turmush yo‘lida jon kuydirib, paxta dalalarida yuksak mehnat namunalarini ko‘rsatib turadilar. Bir zamon Xorazmning saroy adabiyotini o‘quy olganlar uning she’rdagi katta ustozlarini – «Munis», «Ogah» va «Komil»larini – bir qadar bilardilar. Biz «Komil» (o‘zicha aytsak, Komil Xorazmiy) keyingirak davrning odami bo‘lganidan uni durustgina bilardik. Shunda ham biz ko‘p narsalarni bilmas ekanmizki, bundan 70 yillar burun Xorazmning poytaxti bo‘lgan Xeva shahrida Qurbon aka degan bir xarrot (dukchi) yashar ekan. O‘zining kichkinagina dukchilik do‘konida yog‘ochdan eshik, duk (yig), chig‘iriq, sumak, tesha, bolta soplari va o‘qlog‘ qilib tiriklik qilar ekan. Uning shogirdi va xalfasi bo‘lmagan. Unga dukchilik ishlarida o‘g‘li Matyoqub ko‘maklashar ekan. Eslik ota o‘g‘lining bilimga va cholg‘ug‘a havasini ko‘rgach ko‘p o‘ylab turmasdan uni to‘ppa-to‘g‘ri o‘sha zamonning katta shoir va usta cholg‘uchisi bo‘lgan Komilning yoniga olib borgan, «Shuni menga yaxshi odam qilib bering», – degan. Partiya markaziy organi bo‘lgan «Pravda» gazetasining shu yil 12 sentyabrda chiqqan sonida mo‘ysafid va nuroniy bir cholning tanbur mashq qilib o‘turgan surati bosilib chiqdi. Surat ostida shunday deyiladi: «Toshkentga Xorazmning eng qari xalq ashulachisi va cholg‘uchisi Matyoqub Xarratov keldi (yoshi 70 da). U Xorazmning butun klassiq maqomlarini va xalq cholg‘usini biladi. Uning ashulalari Toshkentda gramo‘fo‘n lappaklariga olinajak». «Pravda» orqali butun Ittifoqqa, balki butun dunyoga tanilgan bu odam – o‘sha dukchi Qurbon akaning o‘sha biz aytgan o‘g‘li Matyoqubning xuddi o‘zi. U Komil (Pahlavon Niyoz)ning, ko‘prak uning o‘g‘li shoir va cholg‘uchi Matrasul Mirza (taxallusi «Mirza»)ning tarbiyasini ko‘rib yetishadi. Hozir 70 yoshda bo‘lgan bu odam, yuqorida aytilgandek, Xorazm klassiq maqomlarini (shashmaqomning Xorazm variantini) «Xorazm chizig‘i» deb mashhur bo‘lgan Xorazm notalari bilan birga mukammal biladi. Xorazm xalq kuylari (ko‘prak doston yo‘llari)dan ham yaxshi xabardor. O‘zining «Xarratiy» degan bir kuyi ham borki, shashmaqomg‘a qo‘shuladi. Asosan tanbur cholsa-da (tanburni mukammal biladi), chang mashq qilishda ham mahorati katta. O‘zi juda xushxat, o‘z umrida ikki yuzga yaqin kitobni chiroyliq xat bilan ko‘chirib chiqqan. Ko‘p hikoya, cho‘pchak, latifalarni biladi. Suhbati shirin. Fasohat bilan, so‘zga oro berib gapiradi. Sog‘liqni saqlash xususida bu odamning o‘ziga xos bir usuli bor: u butun umrida ko‘prak qatiq va non yeb o‘tgan. Iloji bo‘lganda qatiqni bir kun ham tark qilmaydi. Yoshi 70 ga borsa ham, o‘zini yigitdek sezadi. Quvvatli va quvnoq… ko‘p yuradi, ko‘p ishlaydi, charchamaydi. Toshkentga kelganida piyoda yurishda o‘z o‘g‘lini shoshirib qo‘ygan. O‘zi sog‘lom va tetik ko‘rinadi: shu uchun bo‘lsa kerak, Toshkentdagi o‘g‘liga tegishkan: «O‘g‘lim, sen qarib qolibsan», – degan… Ilgari Xorazm muzika texnikumida ishlagan, ko‘p shogird yetishdirgan. Hozir Yangi Urganchda davlat tiyotrida cholg‘uchi bo‘lub ishlaydi. Hozirgi tiyotr, cholg‘u, raqs masalalariga qiziqadi, «Bir oz yosh bo‘lsam, ovrupocha nota o‘rganardim, – deydi chol, – ammo yoshim 70 ga yetganda ep kelmas. Yoshlar o‘rgansin, albatta o‘rgansin». Cholning bu nasihatini boshlab o‘z o‘g‘li Matyusuf Xarratov qulog‘ig‘a oladi. Matyoqubning o‘z o‘g‘li bilan Ovrupo notasiga yozgan kuylari 15 ga yetadi. Matyusuf ovrupocha muzika ilmining boshlang‘ich asoslarini biladi. Yoshi qirqdan o‘tganda Samarqanddagi Muzika institutida (1930 – 1931 yillar) nota bilan skripka o‘rgandi. Uning «Xorazm chizig‘i notasini Ovrupo notasiga uydurish», «Erli cholg‘u asboblarini nota usuliga uydurish» degan asarlari bor. Matyusuf 1889 yilda tug‘uldi. Umuman, cholg‘uni o‘rganishda Matrasul Mirza bilan o‘z otasidan ta’lim oldi. Changni unga Qalandar Do‘nmas o‘rgatdi: ashulani Xorazmning birinchi hofizi va tamburchisi bo‘lgan Matyoqub Pazochidan o‘rgandi. Tambur bilan changni yaxshi biladi; bundan tashqari, g‘ijjak, skripka, garmon, dutor va doira (childirma) chaladi. Doira usullariga oshno ashula qiladi. Xarratovning boshqa bir qancha eski hofiz va cholg‘uchilarimizdan ayrim yaxshi sifati shuki, o‘zi kuy chiqarish va xalq kuylarini ishlash hamda ularni o‘zi notaga olish bilangina qolmasdan, muzika sohasida qo‘lidan kelgancha ilmiy asoslarda ishlashga urunadi. Yuqorida aytgan ikki kitobi bunga dalil. Bundan tashqari, u o‘zining Sharq (o‘zbek) changini qaytadan ishlab Ovrupo tovush qatorlari usuliga soldi, ya’ni changda har qanday Ovrupo kuyini to‘g‘ri chala biladigan bir ish qildi. U hozir tamburni ham mukammallashtirish ustida ishlamoqda. Uning «Xorazm musiqiy tarixchasi» degan kitobi 1925 yilda Maskovda bosildi. Uning ijod qilg‘an va notaga solg‘an kuylari sotsialistik qurulishning eng aktual mavzulariga bag‘ishlangan. Bu narsa ularning nomlaridanoq ko‘rinib turadi: «Kolxoz kuyi», «G‘ayrat – paxtaga!», «Paxtani tering», «Qizil askar», «Mudofaa marshi», «Yashasin Sovet!» – bular hammasi o‘zbekcha; bundan boshqa tojikcha uch kuyi bor (ashulalari bilan): «Shavem qijloq ravona», «Zindabo‘d dehqoniy!», «Chindani paxta». Xorazmda xonlik ag‘darilg‘an kunlardan boshlab inqilob ishlariga yaqindan va faol aralashadi. Xorazmda birinchi maorif nazoratini tashkil qilishadi. Xorazmda muzika texnikumi tashkil qilib, unda mudir bo‘ladi. O‘zbekiston markazi Samarqandda ekanda Maorif komissarligi chaqirtirib oladi. Bunda u Muzika institutini tashkil etish(da qatnnash)adi va institutda to‘rt yil muallimlik qiladi. Samarqand radiosida muttasil 7 yil ishlaydi. Hozir Toshkent radiosida ishlamoqda. Tarjumai hol qabilidan bo‘lgan bu ma’lumotlar bilan kifoyalanmakchi emasmiz, albatta. Ayniqsa, hali otasiga nisbatan yosh, iste’dodli va g‘ayratli bo‘lgan o‘rtoq Matyusuf to‘g‘risida, uning bundan keyingi yo‘li va qilajak ishlari xususida fikrimizni aytmasdan o‘tolmaymiz. O‘rtoq Matyusuf, boya aytganimizdek, bizga Ovrupo muzika bilimining kerakligiga hech bir shubha qilmaydi. Otasi haligidek deb turganidan keyin jindak shubha qilsa ham ayb bo‘lar edi. Faqat o‘rtoq Matyusuf, u bilan birga boshqa ko‘p cholg‘uchilarimiz ham bilishlari kerakki, Ovrupo muzika bilimi faqat boshlang‘ich nazariyadan (nota o‘rganishdan) iborat emas; uning garmoniya (ohang ilmi), ko‘ntrapunkt singari juda muhim, lekin og‘ir pog‘onalari bor. Ovrupo muzika bilimi zinasining birinchi pog‘onasig‘a qadam qo‘yganlar narigi pog‘onalarg‘a ham tirmashib chiqmasalar chala bilim bilan muzika sohasida ko‘p narsa qilolmaydilar. Holbuki, o‘rtoq Matyusuf ko‘p narsa qilmoqchi; bu xususda unga ko‘mak bermaganlardan koyib gapiradi. Lekin, hammaga ma’lumki, bizda bilim ortdirish uchun imkonlar katta. Bu yo‘lda har kimga har qanday yordam ko‘rgaziladi. Faqat kishining o‘zidan g‘ayrat talab qilinadi. O‘rtoq Matyusuf shu g‘ayrat bilan qurollanishi lozim. U Ovrupo muzika bilimini yetarlik darajada o‘rganib, undan keyin Sharq klassiq maqomlari va xalq kuylarini ham yaxshilab tekshirib, Sharqning eski muzika bilimlari bilan ham tanishib maydonga chiqsa qimmatbaho asarlar bergan bo‘lar edi. Rost, uning hozirgi ishlariga sovuq qaragan, ayniqsa, changdagi o‘zgarishlarga allaqanday quruq bilimdonlik bilan yaqinlashib, konkret va to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatmagan kishilar bor. Uning ba’zi ilmiy asarlarini yillab «saqlab» yotgan, nusxasini yo‘qotg‘an, qadrlay olmagan idoralar bor. (O‘znashr va San’at instituti.) Biz ular to‘g‘risida qichqirishdan to‘xtamaymiz. Lekin do‘stlik kengashi yana Matyusuf akaning o‘ziga oid bo‘ladi. U kengashni esa biz berdik. O‘gaylar O‘gay onadan o‘gay qizga maktub “O‘zbekiston markazida ipak maktabida o‘qib turuvchi asakalik Hojaroy o‘rtoqqa mushtipar onasi Parqubibidan ko‘p-ko‘p sog‘inib-sog‘inib salomdan so‘ng ma’lum bo‘lsinkim, men sho‘rlik kampirni yo‘qlab bir ilik xat yozmaysiz. Oqibat shudirmi, maktabingizni qachon tamom qilursiz? Qachon bir tomonlarga kelursiz deb ukalaringiz Gʻofiyatxon, To‘tixon, Ahmadjon, Umarjon, Qayumjonlarning ko‘zi to‘rt bo‘ldi. Otangiz meni yosh-yosh bolalarim bilan tashlab ketganiga mana ikki yil bo‘lib kelayotibdir. Ikki yilgacha besh bolani boqquncha ona sutim og‘zimg‘a, tana sutim bo‘g‘zimg‘a keldi. Sizga xat yozay desm ko‘nglim betlamadi. Bir zamon sizni yosh vaqtingizda o‘gay ko‘rib, xafa qilg‘anlarimni oyladim. Sizga yuz o‘gurgali tortindim, aylanay, endi ahvolim nihoyat darajada tang bo‘lganidan keyin qandoq qilay, aylanay. Yalinib, yolvorib shu xatni xotinlar qlubig‘a borib, o‘sha yerda yozdirdim. Mirzabola xatni yozib turib ko‘zlarimdan milt-milt yosh qo‘yuladi, aylanay. Bir yonimda Oxunboboyev, yana bir yonimda Lenin qarab turibdi. Uyalib-uyalib shu xatni yozdim. Bir keling, aylanay, maktabimizning kattalaridan ijozat so‘rang. Mushtipar onam bor deng. Besh bolasi bor deng. Qiynalib qolibdir deng. O‘gay bo‘lsa ham holi og‘ir bo‘lganidan meni panoh tortib xat qilibdir deng. Eslik odamlar bilib bir chorasini qilar. Keling, aylanay bolam. Bir kelib keting. Asakalar ham endi boshqacha bo‘lib ketdi. Paranji tashlaganlar ko‘p. Kolxozlarda ko‘p ishlarni xotinlar qilayotibdir. Bitta kolxoz raisi chiqqan Soliya opa degan ko‘p abjir xotin emish. Hamma xotin-xalaj gap qiladi. Kelib o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rmasangiz bo‘lmaydi. Sizning ilmingiz zo‘r. Soliya opa ko‘rsa hamma kolxozning ustidan katta qilib qo‘yadi. Shukurni qilib yotamiz, aylanay”. O‘gay qizdan o‘gay onaga maktub. “Asakaga o‘ga ona Barqubibiga. O‘gay qizingiz Hojar Islomovadan sog‘inib o‘rtoqlarcha salom. Maktabni tugatganimga shu bugun bir hafta bo‘ldi. Yaqinda bizni ishga yuboradi, qayerga yuborishini bilmayman, o‘zimdan maslahat so‘rasa Asakani tanlayman. Juda sog‘indim. Xafa bo‘lsangiz ham aytay: kecha kechasi bir o‘rtog‘imnikida boshqa o‘rtoqlarim bilan birga yotib qolib edim. Tuni bo‘yi uxlamasdan gaplashib chiqdiq. Men ularga o‘zimning yoshligimdan o‘gay ona qo‘lida xor-zor bo‘lganimdan, oxirda chidayolmasdan qochib ketib, Namanganda maktabga kirganimdan, ish qilib sizning qo‘lingizda tortgan kulfatlarimdan gapirib berib, o‘zim ham yig‘ladim, ularni ham yig‘latdim”. Hu… yarim kechadan keyin ko‘zim uyqug‘a ketgan ekan, tushumda sizni ko‘ribman. Bir qo‘lingizda ko‘sov, meni urmoqchi bo‘lasiz. Bir qo‘lingizda o‘g‘lingiz Umarjon, “ha, mana: ukang. Jindak ko‘tarib yursang-chi. Seni sog‘inib bola bechora ichika yotibdi” deysiz. Tushumda ham yig‘ladim, ko‘rsangiz. Kap-katta qiz yig‘lab o‘ltursa g‘alati bo‘lar ekan… Erta bilan yotoqxonamg‘a kelsam, stol ustida xatingiz turibdi, darrov ochib o‘qidim. Yana yig‘ladim… Mayli xafa bo‘lmang. Men boraman, albatta boraman. Bormasam ham sizni bu holda tashlab qo‘ymayman, sizga qo‘limdan kelgan yordamimni beraman. Bolalaringzni sag‘irxonalarg‘a joylayman, maktabga o‘rnashtiraman. Ish qilib ularni odamlik yo‘liga yo‘llayman. Siz menga bir zamon o‘gaylik qilgan bo‘lsangiz, endi u zamonlarni unutish kerak. Hozirgi turmush shunday yaxshi, quvnoq, sevinchlikki, kechagi alamlar esda qoladi deysizmi? Ayb sizda ham emas. Ayb ko‘prak otamda. U o‘zi ham menga allaqanday sovuq qaradi. Bo‘lmasa, otam yaxshi qarab tursa, sizning haddingizmidiki, menga yomon gapirsangiz. Siz ham otamdan qo‘rqib yaproqday dir-dir qaltirardingiz-ku? Otamdan yegan kaltaklaringizni o‘yladim, sizga ham rahmim keldi… Siz ham tortdingiz xo‘b! Xo‘b tortdingiz! Ukalarimda nima ayb? Ular – go‘dak bolalar. Hammasining bitta-bitta ko‘zlaridan o‘pik qo‘ying. Yaqinda yo o‘zim boraman, yo qo‘limdan kelgan yordamimni yuboraman. Bizning mamlakatimizda o‘gay yo‘q, hamma bir tug‘ushgan, qarindosh. Yig‘lamang, o‘rtoq, men sizni tashlamayman. O‘rtoqliq salomi bilan qizingiz Hojar Islomova. Ko‘p-ko‘p salom. Yig‘lamang”. O‘liklarga qarshi (Inqilobiy hukumat tomonidan shahar ichidagi qabrlar yo‘qotila boshlashi munosabati bilan) Ruhlarini boshqalarg‘a topshirib, yer ostiga yashiringan kishilar uchun yetar ortiq bu hurmat! Tiriklik qaynag‘an, turmush vulqonlang‘an, ish to‘lib-toshg‘an, kurash quturg‘an joylarda eng qimmat tuproqlarni o‘liklar egallab yotmasinlar! O‘liklarning qoni, yot islari tor, havosiz ko‘chalarimizda bug‘lanib yurib, daydi shamollarning kuchlari bilan qanotlanmasunlar! Qanotlanmasunlar-da, hayotdan qatralar emgan toza dimog‘larimizga kirib qolmasunlar! Kirib to‘lmasunlar-da, ruhimizni oz choqqa bo‘lsa-da, charchatmasunlar! Charchatmasunlarkim: Hozir charchag‘anlar uchun – yengilish, yengilganlar uchun – o‘lim! Shahar o‘rtasida go‘r nima qiladur? Yashayturg‘anlarni-da yashamasliq uchun, tiriklarni-da o‘ldirmak uchun, yer yuzidagilarni-da yer ostig‘a tortmoq uchun, kurash polvonlarini ham cholib yiqitmoq uchunmi? Qo‘ying! Dunyo ikkiga bo‘lindi, Shiddatli, uzil-kesil, jon achchig‘i kurash boradi. Shu choqda – qabrlarga hurmat, Shu choqda – o‘liklarga rioya emish… Yo‘q! Yashamoq uchun to‘suq bo‘laturg‘an har narsani, kurash yo‘lina ko‘ndalang kelaturg‘an har kuchni olib tashlamoq, og‘darib yiqitmoq chog‘i! O‘liklar ustiga tiriklar mamlakati qurungiz! Qabristonlarg‘a hayot saltanati bino qilingiz! O‘liklar tiriklarni tortmasunlar! Tiriklar – o‘liklarni tiriltish o‘yida bo‘lsunlar! Borlig‘i, yashayish uchun, bo‘g‘ushub yotg‘an el, endi o‘liklarnnng ham nozini chekmasin! Hayot, Turmush, Kurash – elning istagani! Qutulmoq uchun uyg‘oningg‘iz! O‘rta maktab imtihoni Shu hafta boshlarida Eski shahar dorulmuallimini (o‘rta maktab) shogirdlarining imtihoni bo‘ldi. Imtihon majlisiga maorif va hukumat idoralaridan kishilar va bolalarning otalari chaqirilg‘an. Majlisda odam ko‘b edi. Imtihon boshlandi. Har bir dars ustida bolalardan qiyin va uzoq so‘roqlar so‘ralib, qanoatlanurlik javoblar olindi. Tajriba bilan ko‘rsatilishi kerak bo‘lg‘an darslar (kimyo, hikmat kabi) tajriba asboblari bilan ishlanib ko‘rsatildi. Asboblarning kamchiligidan ko‘z yumg‘anda tajribalar muvaffaqiyatlik chiqdi. Imtihondan ko‘ruldiki, shogird va o‘qituvchilar o‘z saboqlarini tirishib o‘tkazganlar. Shogirdlarning handasa da’volarini isbot qilishlari, adabiyotni ochiq va to‘g‘ri tekshirishlari, sarf-nahvda juda olding‘a ketganliklari, tabiiyot va tashrih darslarini amaliy suratda ko‘rsata olishlari, ayniqsa rus tilidan o‘zbekchaga, o‘zbekchadan ruschaga osonliq bilan tarjima qilishlari va rus tili qoidalarini juda yaxshi bilishlari, anglizcha o‘quy boshlag‘anlari hammani hayron qoldirdi. Imtihon majlisi yopilg‘uncha kelgan mehmon va otalarg‘a choy-dasturxon berilib turildi. Imtihon tugagandan keyin osh tortildi. Otalar shogird va o‘quvchilar haqiga duo qildilar. Har kimda sevinch va quvonch izlari ko‘rilar edi. O‘rtoq Kalinin Qo‘qonda Kelaturg‘an kunida Sho‘ro jumhuriyatlari ittifoqi markaz ijroqo‘mining raisi o‘rtoq Kalinin 9 nchi hut (fevral)da Qo‘qong‘a keldi. O‘rtoq Kalininni “keladi, keladi!” degan xabarlar ikki kun burun yoyilg‘an edi. Ko‘chalarda ham bir-ikki kun burun ulug‘ mehmonni qarshi olish hozirliqlari ko‘rula boshlag‘an edi. Turli idora va tashkilotlarning binolari oldida ko‘m-ko‘k archalardan gullar, ulug‘ rahbarlarning suratlari, bayroqlar o‘rnatila boshlang‘an… Xalq – el orasida ham gap-so‘z. – Yana bitta Lenin kelar emish. – Shuning uchun ko‘chalar tozalanib qolg‘an ekan-da! – Bo‘lmasa har oyda bir kelib tursin-yey… – Ko‘chalarni qara! Ozoda, toza, tep-tekis, gilam yoyg‘andak! Ko‘chalar, muyulishlar, mahkama va tashkilotlar ko‘m-ko‘k archalar va qip-qizil bayroqlar bilan ko‘milgan kuni, 9 nchi hutda qizil Farg‘onada yozilg‘an bir e’lonning burun o‘ruscha, so‘ngra o‘zbekchasi yopishdirildi. To‘p-to‘p odam, ko‘zlarini devorlarg‘a tikib, pichir-pichir e’lomnoma o‘quydir. Savodi yo‘qlar kulgan va qiziqqon yuzlari bilan bir e’lomnomaga qaraydur va bir ark-ravoqlarg‘a tikiladurlar… Ko‘chada odam demagan to‘lib qolibdur. Qiy-chu. Uyoqdan-buyoqqa, bu yoqdan-uyoqqa dengiz to‘lqunlarida katta odam to‘dalari oqadur, oqadur. Bo‘yinlarig‘a qizil ro‘molcha tashlag‘an pioner bola va qizchalar, ko‘pikdak qaynashib, kulushub chopishadurlar… Kelgan vaqtda Temiryo‘l bekatining yoni-beri odam daryosi. Ko‘chaning ikki tomonig‘a qator-qator chizilg‘an necha saf odamlar rastadek kelishganlar… Bayroq, bayroq, bayroq… har tomonda qizil bayroq. Maxsus belatlar bilan temiryo‘l bekatining sahniga chiqdiq. Unda viloyatning firqa va sho‘ro bosh mutaxassislarining rahbarlari, xotun-qizlar, firqalilar, askarlar. Soat 4 ga chorak qolg‘anda yiroqdan “tuv-tuv-tuv” degan cho‘zuq bir hushtak. Hamma tayyor bo‘lub, Xo‘jand tomong‘a tikildi. Askar muziqasi “Xush kelding!” mashqini urdi. Kichkina, kelishgan, ziynatlik o‘txona kutganlar yonidan sekingina o‘tub ketadur… Boboy chiqdi. Kutganlar yonidan o‘tdi. – Bular kimlar? Boboy so‘raydur: Viloyat firqo‘m javob beradur: – Bular kammunarlar. – Yashasun kammunarlar! – deydur boboy. – Urra-urra!.. Shaharda Bekatning orqa tomonidan 25-30 mingcha xalq. Boboy mayin va charchag‘an tovushi bilan bir necha og‘iz so‘z so‘zlab, markaz ishchi-dehqonlarining salomini atroq (okraina) mehnatkashlariga eshitdiradur. Charchag‘an tovushi bo‘g‘ulg‘an; ko‘plar, juda ko‘plar eshitmay qoldi. Undan “Qizil o‘ktabr” yog‘ zovutig‘a jo‘naldi. U yerda nuqul ishchilar. Ularga ham boboy markazning salomini eshitdirdi. Qimmatbaho paxtaning chigiti va yog‘ini ishlab chiqaraturg‘an ishchilarga markazning samimiy salomi eshitdiriladur. – Urra-urra!.. Jome’da Jome’da 5-10 ming odam. Uning keng sahni, ko‘cha mindi-mindi, bosdi-bosdi! Bir chekaga minbar tayyorlang‘an. Salla, do‘ppi, telpak, qalpoq, shapka, ro‘mol, paranji… daryo! Bir vaqt boboy kelib kirdi. Xuddi arizadan gilam yoydilar, arizadan choyshab yopdilar deysiz! Dodxoh kelgan, dodxoh!.. Soat raso 6 da o‘rtoq Alixo‘ja o‘g‘li majlisni ochib ulug‘ mehmonni qutuldi. Viloyat firqaqo‘m “xush keldingiz!” qildi. Tubjoy xalq ishchi-dehqonlari, shahar aholisiga ham boboy markaz ishchi-dehqonlarining salomini erishdirdi. Mehnat asosig‘a qurulg‘an azamatlik soyuz (ittifoq)ning kundan-kun mahkamlanib borg‘anini gapirdi. Paxtaning ahamiyatini, qishloq xo‘jalig‘ining tiklanishi lozimlig‘ini so‘zladi. “Atrof viloyatlarning taraqqiyotini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘raylik deb keldik” dedi. “Burung‘i Rusiya imperatorlig‘ining zulm bilan xarob bo‘lg‘an keng mamlakati ustiga mehnat, ish asosida qurulg‘an sho‘ro jumhuriyatlari ittifoqining kundan-kun mahkamlanib borg‘anlig‘ini” so‘zladi. – Urra-urra!.. Xon saroyida “Dehqonlar uyi”ga aylantirilgan va o‘rtoq Kalinin ismi bilan atalg‘an burung‘i xon saroyida, o‘rtoq Kalinin dehqon, qo‘shchi va batraklarga so‘z qildi. Ularga “yer islohotidan, uning zarurlig‘idan” gapirdi. – Lekin, dedi boboy, – yer islohoti degan narsa mamlakatning iqbolig‘a zarar bermasligi lozim. Hozir bizning hamma kuchimiz mamlakatning iqboli, boylig‘i va barakalik bo‘lish uchun sarf qilinadur. Yer bo‘lsa davlatning o‘z yeri; davlat o‘zi reja bilan, yo‘l-yo‘rug‘i bilan, xo‘b oldi-ketini o‘ylab yer islohotini qilib beradur. Yer islohoti bahorda bo‘lmaydur. U kuzda bo‘ladur. Shu uchun men markaziy hukumatning ismidan hammaga eshitdiramankim, bu yil har kim bor yerini eksun, bir qarich ham ekinsiz yer qolmasun!” Urra va olqishlar ostida boboy dehqonlar o‘rdasidan ketdi. O‘sh Farg‘ona oblastining eng kichkina shaharlaridan biri-da O‘sh shahridir. O‘sh shahri 40 ming qadar nufusli bir shahar o‘lib, Qashg‘ar hududina ot bilan 4 kunlik yo‘ldir. Qitoyning katta va eskidagi tarixiy shonlari bilan mashhur Qashg‘ar viloyatina Rusiyadan va butun Ovrupodan kelgan mollar shul O‘sh yo‘li bila ketadir. Har kun deyarlik 50 – 60 otli mol yuklagan karvon Qashg‘ar yo‘lida yurub turadir. O‘sh shahri kichikkinarak bo‘lsa-da, oq va toza suvi, joy vaqtinda salqin havosi, bir tarafindan qob-qora dahshatli tovi bilan shul qadar matur manzara tashkil etadiki: tov boshina minib ostga qarag‘an vaqtda kishi o‘zini Shveytsariyaning mashhur Alp tovlarinda his etadir. Ma’lumdirki, Turkiston havosi joy vaqtinda bik issiq bo‘la, mana shul vaqtda salqin olmoq uchun Turkistonning har tarafindan keluvchilar ko‘payalar. Ikkinchi tarafdan: munda bir tov bor, bu tovi yerli xalq hazrat Sulaymong‘a nisbat berib, har turli yanglish e’tiqodlarg‘a cho‘malar. Emish, hazrat Sulaymon bir vaqtda devlarga taxtini ko‘tartub yurgan vaqtda O‘shg‘a kelub, shul tov boshinda bir necha vaqt taxt qurub o‘lturg‘an. O‘sh o‘rtasindan og‘ub turg‘an kichkinagina daryo bo‘yinda katta-katta 40 – 50 odam ko‘tara olmaslik toshlar bor. Mana shushiy toshlarni hazrat Sulaymon devlari barmoqlari bilan tov boshinda yerga irg‘itqanlar. Yozin tov ustidagi mozor sharifni ziyorat qilurg‘a ziyoratchilar ko‘b kelalar. Muna hozir ziyoratchilarcha biz-da bir ziyorat qilib qarayiq. Ul hazrat Sulaymon pok qabri sharifina boramiz. Ondin tushub, 50 – 60 qadar xayrchiga biror non yoki biror tiyindan oqcha ulashgach matur ham buyuk bir masjidga kiramiz. Masjidning bir chetinda bir ulug‘ qabri sharifni ziyorat qilib, onda turg‘an qoridan Qur’on o‘qutib, oqcha beramiz-da, ketamiz. Mozorning shayxlari (shayx – mozorlarda turub keluvchi va ziyoratchilarni ziyorat qildiruvchi, bergan narsalarni oluvchi odam) tarafindan soling‘an bir masjid bor. Shul masjid O‘shda musulmonlarning sinoat bila faxr etarlik birdan-bir muassasalaridir. Har tarafi kirpichdan ishlanub, ichinda mehroblari va atroflari musulmon bo‘yovchilari tarafindan Eski Turkiston tarzida har turli ziynatlar bila ziynatlangan masjidda har ikki bayramda O‘shning yartisi deyarlik shunda namoz o‘qiylar… O‘shda Ismoil hoji isminda bir boy bo‘lg‘an. Ul odamning suv bo‘yindagi bir parcha yerini «O‘sh elektricheskiy obshestva»si elektrik istansasi uchun so‘rag‘an. Muna shul odam rizo bo‘lub sotqan. Usloviya (maohida) vaqtinda boy obshestvag‘a yuqorida zikr etulgan masjidni 20 yil oqchasiz yoqtiritmoq uchun shart qo‘yg‘an. Muna shul himmatli boyning o‘rinli tashabbusi soyasinda butun masjid 20 yilg‘a qadar oqchasiz yoqtirila. Yana biror himmatli boy chiqsa-da, mozori sharif yoninda tartibsiz va beusul yotqan maktabni tuzatdurub, yaxshiroq yo‘lg‘a qo‘ysa… Yuqoridagi boydan o‘rnak olsalar! Bu masjidga ming qadar xalq sig‘adir. Muna bu masjidni ziyorat qilg‘ach masjid ortidag‘i qabrga kiriladir. Ondan o‘zub eski usulda bir binoni ziyorat qilina, ondag‘i shayxning ta’rifi bo‘yuncha bu xona «Makkai ajam» emish. Makkai a’rob Ka’batulloh bo‘lsa, «Makkai ajam» degan bir ka’ba-da bo‘la emish… Ondan ikkinchi xona hazrati Xizr alayhissalomning qadamlari tekkan yer emish. Oni-da ziyorat qilg‘ach tov ustina minamiz. Tovning bir chetina chiqg‘ach bir mog‘oroga kirila, havosizlikdan tin olib bo‘lmiy. Bik ichka kirgach, qo‘lni suzsang, qo‘ling suvg‘a tiya. Muna shushiy suvdan ichasiz. Ul suvni Olloh taolo osmondan farishtalar ovzindan quydirib tura emish. Ondin-da chiqg‘ach bir shayxning yonina kelasing. Munda toshqa o‘yilg‘an kichkina bir teshik bor. Ul teshikda hazrat Sulaymon (a.s.) osh pishirgan emish. Bu teshikg‘a qo‘lni solg‘an kishi umrinda hech qo‘l ovruvi ko‘rmiy emish. Ondin o‘tkach, yana bir shayx bor, ul shayxning xidmatida shular kabi bir tosh bor, shul toshg‘a yotasan, umringda bel ovruvi ko‘rmiysan. Ondan o‘tasen, katta oq yurt, oldinda uch shayx o‘tura. Yurtg‘a kirub, har kim 2 rakaat namoz o‘qusa boshqa vaqtdag‘i yuz rakat namozning savobini toba emish. Onda hazrat Payg‘ambarimiz (s.a.v.) namoz o‘qug‘an emish-da, o‘turg‘an vaqtda tosh kenat o‘yulub ketgan emish. Muna bu-da ziyorat qilinaturg‘an yer… Shul yurt ortinda bir toshg‘a o‘yulg‘an yozuv ko‘rdim. Tonub bo‘lmiy, «tis’a» deganni o‘qub bo‘ldi… hamda ostindaroq yana: «Sulton al-Mahmud G‘az…». Bu tarafin topub bo‘lmadi. Mashhur sulton Mahmud G‘aznaviyga ishorat tugulmi ekan? Ondan o‘tub, bir-ikki shayxni ziyorat qilg‘ach bir teshikka bosh ochub, boshimizni tig‘amiz, muna umrimizda bosh ovruvini ko‘rmiymiz… Shuning birla ziyorat tamom bo‘la-da, tushamiz. O‘sh Turkistonning boshqa shaharlarina qaraganda har tarafdan so‘ngg‘a qolg‘an. Munda ikki usulda ikki maktab bor. Ikkisinda-da 60 adad bola o‘qub yotar. Bir «russkiy-tuzemniy» shkola bor. Munda-da kunduz 40 qadar, kech (vecherniy Qurs)da 30 qadar musulmon bolalari o‘qiylar. Munda chastniy o‘qub yuruvchilar-da 5-6 adad bor. Qiroatxona yo‘q. Munda ruslar-da yo‘q, deyarlik, oz. Kitobxona-da yo‘q edi. Ammo so‘ngg‘i kunlarda O‘sh yoshlaridan Qodirjon Qobiljonov ila Yusufjon Yunusov afandilarning kitobxona ocharg‘a ariza berdiklari eshitildi. Muvaffaqiyat tilaymiz. Mana Turkistonning yaxshi havoli kichkinagina matur O‘sh shahrining ahvoli… O‘sha qichiq masala Tuzalmagan va tuzalishiga umidimiz qolmag‘an bir kasalimiz bor. U to‘g‘rida juda ko‘p “dod” dedik, faryod qildiq – hemiriliq foydasi bo‘lmadi. Endi, u to‘g‘rida qo‘lni yuvub, qo‘ltiqqa urishimiz lozim edi; yana bir martaba dodlab qo‘ymoqchi bo‘ldiq. Shu oxirg‘i faryodimizni eshitgan quloqlar, ayniqsa, “Qizil O‘zbekiston”, “Zarafshon”, “Ozod Buxoro”, “Yangi yo‘l” va “Mushtum”larimiz faryodimizga qo‘shulub bir qattig‘roq bir shovqun solsalar, balki eshitilar edi! Shu umid bilan bu safar ham o‘sha masalaga qoqilib ketamiz. Masala – haftalik va oylik matbuotimiz masalasi, kasal – o‘shaning matonatsizlik va beparvolik kasalidur. Uzun so‘zning keragi yo‘q, qisqa qilayiq: Farg‘ona viloyatida 3–4 oydan beri bittagina o‘zbakcha jurnal ko‘rganimiz yo‘q! “Bilim o‘chog‘i” ko‘mildi. “Inqilob” uning ketidan ketdi. “O’zgarishchi yoshlar” bedarak yo‘q bo‘ldi, u bo‘lg‘anda ham faqat yoshlar uchungina edi. Toshkand muallimlari tomonidan “Ta’lim-tarbiya” jurnali chiqarilibdur. Uning mundarijasi juda suyuq bo‘lg‘anidan gapirmasak ham, davomiga ko‘zimizga bitmaganini aytib o‘tamiz. Maorif komissarligi “Maorif va o‘qitg‘uvchi” (nomni qarang!) jurnali chiqaribdur; “chiqdi” deb e’lon qiling‘anig‘a bir oydan ortdi, hanuz hech bir joyda birgina nusxasi ham yo‘q! “Inqilob”ning 11 –12 nchi soni Farg‘ona bozorig‘a endigina chiqdi; uning 13–14 nchi soni hali bizga yangilik! Holbuki, 13–14 nchining chiqqanig‘a ham bir-ikki oy bo‘ldi! Joyi kelganda shuni ham aytib o‘taylik: O‘ktam, Munavvar Qori va Shohrasullar tomonidan yozilg‘an “Sarf” bilan yosh shoirimiz Botuning she’rlar to‘plami va A.Sa’diyning “Adabiyot darslari” mundan bir oycha burun “bozorg‘a chiqdi” deb e’lon qilindi. Holbuki, e’lon chiqqandan bir necha kun so‘ngra davlat nashriyotining magaziniga kirgan kishilar “hali muqovasi tayyor bo‘lg‘ani yo‘q!” degan javobni olg‘anlar… Kim biladi, u qiymatli narsalar bizning Farg‘onamizga biror 6 oydan so‘ng nasib bo‘lurmikan?… Farg‘onaning hamma katta shaharlarida degundek, davlat nashriyoti, bolalarg‘a yordam jamiyati matbuot kaperatifi va boshqa-boshqalarning kitob do‘konlari bor; ular yo‘q joyda allakimlarning ko‘shak (kio‘ska)lari bor. Yangi asarlarni o‘sha kitob do‘konlari va ko‘shaklar orqali vaqti-vaqtida nimaga tarqatilmas ekan? – buni hech kim bilmaydur. “Pravda Vostok”, “Qizil O‘zbekiston” va “Oq jo‘l” gazetalarining tarqatg‘uchi konto‘rlari va ular qoshida gazeta-kitob ko‘shaklari, O‘zbekistonning har bir katta shahrida bor desak mumkin.Demak, tarqatish (ham vaqti-vaqtida tarqatish) uchun vasoiyot (vaziyat) bor. Faqat o‘sha vasoiyotdan tegishincha foydalanish yo‘q. Mana bunga ahamiyat bermak kerak. Bu haligi asosiy masalamizning bir beti. Yana bir beti O‘zbekistonda, o‘zbek tilida hech to‘qtamasdan, dam olmasdan doim o‘z vaqtida chiqib turaturg‘an bir jurnal bo‘luntirishdur. “Qizil O‘zbekiston”ning so‘ng sonida Toshkanddagi “Ta’lim-tarbiya” jurnali bilan Samarqanddagi “Maorif va o‘qitg‘uvchi” jurnalining birlashganini o‘quvdiq. Bu – juda yaxshi. Endi, munga marhum “Inqilob”ning meroslarini ham (agar bo‘lsa!) qo‘shulsa va jiddiy, keng, matonatli, doimiy, to‘la bir jurnal chiqarilsa bizning va boshqalarning eng haqli talabi joyig‘a kelgan bo‘lur edi. Shundoq, birodarlar. Matonatli, doimiy bir o‘zbekcha jurnal. Uni vaqtida tarqataturgan vasoiyot. O‘shda istirohat uyi O‘shdagi sobiq hokim to‘raning shaddodiy bog‘lari bu yil istirohat uyi bo‘lub, Farg‘ona ishchilari va hukumatning mas’ul xodimlari uchun rohat-saodat manzili tusiga kirgandek bo‘ldi. Ijtimoiy muhofaza (sosstrax) bu yil bu to‘g‘rig‘a juda hamyonini ochib qo‘ydi. – Kimlar uchun? – Kimlar uchun bo‘lar edi? Yana bir qancha pappaloq akamlar, semiz lo‘nda bilqillagan barishnaxonlar uchun bunda bo‘lg‘an bazm va safohat es ketarlik vijdonlik kishilarning sochini tikka-tik turguzarlikdir. Bunda musulmonlar ko‘rinmaydi. Ko‘rinmasligi ham tabiiydir. Chunki musulmonlar uchun foniy dunyo rohatining darkori yo‘qdir. Musulmon mas’ul ishchilari hali bu istirohat uyining kimlar uchun va kimlar summasidan ochilg‘onini bilmaylar. Boshda besh-oltita oyoqyalang ishchi va batraklar bo‘lishi barovarida musulmon komillardan kelgan ekanlar. Lekin ularga bu yer jahannam kabi torlik qilg‘on. Haligilar bularning holig‘a kulib, …masxara qilganlar, har vaqt hazil-mazax go‘yo ishtonsizlar pochasi yirtiqdan kulganlar, ko‘p vaqt ularga beriladigan ovqatni yeb, tovoq-qoshiqqacha yalab qo‘yg‘onlar. Nihoyat, haligi 4 – 5 mehmon ham arazlab tashlab ketganlar. Devona arazlasa, sho‘rvasiga zarar. Aka, zardangni kimga qilasan? Lekin xo‘b yaxshi bir bo‘lg‘an-da, nozik barishnaxonlar oldida vahshiy ishchilarning ko‘krak ochiq shalvurab yurishi, bir stolda ovqat yeyishi juda makruh bir narsa edi. Men borganimda bu istirohatgohga kunda yangi mehmon kelar edi. Shuskunlarda doimiy ravishda istirohat qiluvchi 88 kishi. Bundan 8 tasi musulmon (o‘zbek, bir totor, bir qoshg‘arlik – bu keyingi hisob). Hammasidan istirohat qilishg‘a haqli bo‘lg‘ani 12 kishi. 10 ta kamissarlar va ularning xotinlari, 7 tasi uxojyorlik maqsadida kelgan, bizcha aytganda, modabozlar, 8 tasi qip-qizil xuligan bolalar (ya’ni juvonmarglar), 5 tasi menga o‘xshash ehtimollik kelgan sargardonlar, 12 tasi yosh bolalar, 6 tasi haqiqiy ishchilar. 6 o‘zbek, 1 tatar, 1 qashqarlik, 80 tasi ruslar. Mana istirohat uyining umumiy va rasmiy hisobi. Haftada 8 kun bayram. Bir kechada 24 soat o‘yin ham ayshu ishrat, bir kunda besh mahal ovqat, butun kechasi modabozlik, har kechada 8 soat echki o‘yini. Ikki oy ichida shu muborak bog‘chada 2 ta nikoh to‘yi, bitta o‘g‘il to‘yi, bir marta qo‘ydi-chiqdi hamda 8 ta xotin homilador, 12 ta qiz nishondor va bir qancha er-xotin zamona kasaliga giriftor. Bir qancha Layli va Majnun yuragida muhabbat olovi alanga urib, nax bemazani beshta qildi. Mushtum og‘a! Millatchilik bilan mustamlakachilikni ajratolmag‘on qip-qizil oshqoboqlarni bu yerga kelib, past-baland nima ekanini o‘z ko‘zi bilan ko‘rub, o‘z qulog‘i bilan eshitib ketishini tavsiya qilamiz. Xo‘jalik ishida, iqtisod yo‘lida xom-xatala bo‘lg‘an hukumat arboblari (ham) bu yerga kelib ibrat olsun! Bu dam olish uyining xodim, xodimalari ham, Xudo haqqi, yulduzni benarvon uradir! Iloji bo‘lsa, bulardan hamma idora va kamisariyatlarg‘a tarqatish kerak. Marhum O‘sh hokimi hozirgi hurriyat zamonida o‘z bog‘ida bo‘lub turgan ayshu ishrat, zavqu safohatlarni ko‘rub tursa edi, “O‘ho‘, bular bizdan o‘tkazib yubordi-ku”, – deb rashk qilar edi. Istirohat uyi turmushidan to‘liq ma’lumot berish uchun bir necha o‘zbek yoshlari tumshuq tagida turgan Ush ugorkomi va ispolkomiga ma’ruza qilsalar; ular qo‘yni bo‘riga topshirib o‘shalar kabilardan kontro‘l yubormoqchilar. E… shundoq qilish kerak, ishbilarmon kattalar, bo‘lmasa hol xarob-ku… Har narsa yerlilashganda shifoxona va istirohat joylarida ham qoidalar o‘zgarilsun, bo‘lmasa, hozirgi ko‘rinish mustamlaka ko‘rinishidan bir ko‘rinishdir. Agar so‘zimiz yolg‘on bo‘lsa, yo sizni Xudo ursin, yo bizni! O‘t arava to‘g‘risida O‘t arava demakdan maqsadim avto‘mo‘bil ekanligini bilsangiz kerak. Xalqimiz «avto‘mo‘bil»ni o‘t arava deydur. Men bu maqolamda o‘t aravaning fazilatlaridan gapirmakchi emasman. Yiroq yo‘lni yaqin, qiyin ishni oson qilish uchun o‘t arava juda kerak narsa, foydalik muyum. Lekin bu maqolamda boshqa narsa to‘g‘risida gapirmakchiman. Hozirgi vaqtda gazetalarimizni o‘qung. Eng ko‘b yozilg‘an narsa Girmoniya masalasi. Har kun, har sonda desak mumkin: Shtrezeman, Ebert, Alber, Sekt, Karvakitlerdek jonli nomlar; Saksoniya, Turingiya, Bavariya, Rur, Rayn kabi jonsiz ismlar; bular ham hammasi xabar, darakdan iborat. Masalan: men borsam-da, Shtrezeman kim, Ebert qandoq kishi, Gilferding o‘zining sarvatga doir mashhur asarida qandoq asoslarni oldinga suradur deb katta savollarni bersam va shunga keng-kovur javob olmoqchi bo‘lsam… qayerg‘a bosh uraman? Musulmonchani, turkchani yaxshig‘ina bilsam ham o‘ruschani bilmayman, uni darrov bir-ikki oyning ichida o‘rganib olish qiyin, musulmoncha siyosat kitoblari bo‘lsa yo‘q. Toshkentda yo Maskovda bo‘lsam birorta qulubga borar edim. U yerlarda nima ko‘b? Qulub bilan leksiya! Men turg‘an yerda mendan boshqa ham bir necha million menga o‘xshag‘an baxti yo‘q «ahli viloyat» (provintsial) turaturg‘an joylarda qulubning mazasi yo‘q. Qulub bor yerda leksiyaning burdi yo‘q. So‘zning qisqasi: yo‘q, yo‘q, yo‘q. Men yo‘l usti to‘g‘ri kelganda gazetachilar bilan ham so‘zlashdim. «Nimaga bir masalaning asl-asosidan tuzuk-quruq ma’lumot bermaysiz? Bu kundalik xabaringiz bilan ishning tagiga yetib bo‘lmaydur», – dedim. Gazetachilar sira hovliqmasdan shu javobni berdilar: – Har narsaning o‘z joyi, o‘z asbobi bor. Gazetlarimizning vazifasi – kundalik voqealar to‘g‘risida – gazetaning o‘z miqyosidan oshib ketmaslik sharti bilan – tafsilot bosib tarqatmoqdur. Siz aytgan chuqur taglik masalalarni quloch-quloch qilib yozmoq uchun majmua, ya’ni jurnal degan narsa bo‘ladir! So‘ngra jurnal qidirishga tushdim: «Bilim o‘chog‘i» degan bir narsa bor ekan, vafot qilibdur. «Inqilob» degan bittasi O‘rta Osiyo sho‘ro jumhuriyatlarining hammasiga barobar «o‘g‘ul» bo‘lub, hammasining dastmoyasi bilan dunyoga chiqmoqchi bo‘lg‘an ekan. Uni ham Buxorodan nari daraksiz ketdi deydilar. Har holda, bilinib qoldi. Ayniqsa, bizning Turkiston jumhuriyatining – markazlik bo‘lish sharafidan mahrum qolg‘an – viloyat fuqarolari munga ko‘b tashna bo‘ldilar. Bir majmuaning chiqmog‘i juda zarur, juda lozim. Shu zarurat nimaga o‘talmaydur deb ko‘b joyga murojaat qildim, javob berdilarki: – Pul yo‘q! – Pul yo‘q! «Bilim o‘chog‘i» bilan «Inqilob» majmualari ham shuning uchun to‘xtab qolg‘an ekanlar. Lokin men munga ishonib yetolmayman. Tatariston sho‘rolar jumhuriyatida bir-ikita majmua to‘xtovsiz chiqib turar ekan. Aqlim olmaydur: Tatariston sho‘rolar jumhuriyati bizning Turkiston sho‘rolar jumhuriyatidan boymi ekan? U jumhuriyatning paxtasi yo‘q edi-ku. Bizda axir paxta bor, radiy javhari bor, darmona (santonin) koni bor, toshko‘mir, qora yog‘, yana nima balolar bor. Shularning hammasi ijtimoiy asosdagi maslahatlik jumhuriyatimizning boyligi-ku! Yo shundoq emasmi? Qani, gapiring-chi! Farq bo‘lsa-bo‘lmasa shundadurkim, Tatariston sho‘ro jumhuriyatining oqsoqollari haligi shiddatlik ehtiyoj va zaruratni sezganlar, bilganlar. Bizning oqsoqollarimiz bo‘lsa «Projektor», «Krasnaya Niva», «Exo», «Ogonyok», «Novыy Vostok» va boshqa ming xil ruscha majmualardan istaganlarini ola berib, o‘zlaridan boshqa o‘ruschaga olim bo‘lmag‘an biz viloyatlik bechoralarni unutub qo‘yg‘anlar! Farq yolg‘iz shunda. Yaqinda Toshkentda bo‘ldim. Ba’zi bir idoralarning chiroyliq, chaqqon, haybatlik o‘t aravalari yonimdan shamoldek shuvullab, o‘qdek g‘uvullab o‘tub ketdilar. Men bechora viloyatlik aql va hushimdan ajrab – tang qotib qarab qoldim. Yaqinda Xo‘qandga keldim. Eski shahardan kelayotub edim, bir muyulushdan ikki javobgar ishchi o‘rtoqlarim g‘alati izvoshda uchar otlarni tizg‘iratib chiqib qoldilar. Agarda darhol o‘zimni chekkaga olub, devorg‘a orqamchasig‘a yopishmasam izvoshning g‘ildiraklari tagida qolub ketar edim-da, siz ham bu kun bu maqolani o‘qushdan mahrum bo‘lub qolur edingiz… Bir oz surushturg‘animdan so‘ng ma’lum bo‘ldikim, o‘t aravaning o‘zi chiroyliq, chaqqan oyog‘i yengil narsa bo‘lsa ham, ashqol-dashqoli juda ko‘p, sarf-xarajati juda katta ekan. Unga ketaturg‘an benzin degan yog‘ning puli bizning qishloq mahkamalariga oshub-toshkunday bir ismeta bo‘lar emish… Ayniqsa, o‘t aravani haydayturg‘an «shuffer»i javobgar ishchilar oylig‘ig‘a zo‘rg‘a unar emish… Izvoshning xarajati ham oz emasdur. U – savlatlik, u – semiz, u – chopong‘ir otlar ozmuncha ovqat yemayturg‘andur. Kuchir ham axir noz-sitamdan xoli emasdur. Bitta mahkamaning o‘t aravasini sotsaq, ikkita mahkamaning ikkita izvoshini ham otlari bilan sotub yuborsaq, shularga ketaturg‘an bir yillik xarajatni ham Chirvonboyning qursi bilan hisoblab shunga yarasha mablag‘ni ajratub qo‘ysaq: shu mablag‘larning hammasini shotirag‘an chirvon qilib «Turkiston» gazetimi, «Farg‘ona»mi, «Zarafshon»mi – uchalasidan bittasining boshqarmasig‘a topshirsaq, bitta majmua chiqarub berishga unarlarmi ekan? Men o‘ylaymankim: jon derlar, jon derlar… O‘zbek davlat truppasi Eski shahar ijroqo‘mining yordami bilan o‘zbek davlat truppasi va qishliq «Turon» binosi yaxshi yo‘lg‘a solinib kelmakdadir. Ijroqo‘mdan belgilangan vakillarning tashabbusi orqasida hozir «Turon» sahnasining dekoratsiyalari uchun ikki rassom ishlab turadir. Sahnaning boshqa kam-ko‘stlari uchun yana ikkita duradgor usta solindi. Bundan so‘ng sahnada qor, yomg‘ir yog‘dirish, oy-kun chiqorish, shamol, bulut qo‘zg‘otish, yorug‘lik, qorong‘ilik qilish uchun kerak bo‘lg‘on asboblar buyurtilmoqdadir. Shu ishlarning hammasi yanvarning yarimlarida tamom bo‘lgusidir. Dekoratsiyalarning ko‘payishi, jihozlarning ortishi sahnaning tuzalishi natijasida Eski shahar xalqi yanvar oyidan boshlab g‘oyat jiddiy va zo‘r san’at asarlarini tomosha qilmoqqa muvaqqat bo‘ladilar. Yanvar oyida dekoratsiya va yangi jihozlar bilan to‘la mukammal qilinib o‘ynalaturg‘on asarlar shunlardir. 7 va 8 yanvarda turk adiblaridan Shamsiddin Somibekning qadim eron asotiridan olib yozg‘on «Kovai ohangar» otli tomoshosi 14 yanvarda mashhur nemis adibi Shillerning «Makr va Muhabbat»i, 16 yanvarda mazkur adibning «Bosmachilar»i, 21 va 22 yanvarda G‘ozi Yunusning Eron asotiriga oid «Zahhoki Moron»i, 28 yanvarda yana Shillerning «Bosmachilar»i qo‘yilg‘usidir. Bu asarlar madaniy millatlarning eng yuksak sahnalarida ham ko‘p o‘ynalaturg‘on, jiddiy va og‘ir narsalardir. Bunlarni o‘ynamoq, xalq oldida shu qadar jiddiy narsalarni jonlantirib ko‘rsatmak bizning yosh truppamiz uchun katta bir imtihon kabidir. O‘zbek truppasi shu narsalarni o‘ynamoq bilan o‘z kuchiga bir ko‘rish (manevra) yasab o‘tkan bo‘ladir. O‘zbek truppasi fevral oyi va undan so‘nggi oylar uchun ham «Farhod va Shirin», «Yorqinoy», «Chin Temur botir», «Uzunquloq bobo», «Shayx San’on» kabi jiddiy asarlarni belgilamishdir. O‘zbek davlat truppasida Eski shahar ijroqo‘mining yordami bilan o‘zbek davlat truppasi va qishliq “Turon” binosi yaxshi yo‘lg‘a solinib kelmakdadir. Ijroqo‘mdan belgilangan vakillarning tashabbusi orqasida hozir “Turon” sahnasining dekoratsiyalari uchun ikki rassom ishlab turadir. Sahnaning boshqa kam-ko‘stlari uchun yana ikkita duradgor usta solindi. Bundan so‘ng sahnada qor, yomg‘ir yog‘dirish, oy-kun chiqarish, shamol, bulut qo‘zg‘otish, yorug‘liq, qorongg‘iliq qilish uchun kerak bo‘lg‘an asboblar buyurtilmoqdadir. Shu ishlarning hammasi yanvarning yarimlarida tamom bo‘lg‘usidir. Dekoratsiyalarning ko‘payishi, jihozlarning ortishi sahnaning tuzalishi natijasida Eski shahar xalqi yanvar oyidan boshlab g‘oyat jiddiy va zo‘r san’at asarlarini tomosha qilmoqqa muvaqqat bo‘ladilar. Yanvar oyida yangi dekoratsiya va yangi jihozlar bilan to‘la va mukammal qilinib o‘ynalaturg‘an asarlar shunlardir. 7 nchi va 8 nchi yanvarda ulug‘ turk adiblaridan Shamsiddin Somibekning qadim Eron asotiridan olib yozg‘an mashhur “Kovai ohangar” otli tomoshasi 14 nchi yanvarda mashhur nemis adibi Shillerning “Makr va muhabbat”i, 16 nchi yanvarda mazkur adibning “Bosmachilar”i, 21 va 22 nchi yanvarda Gʻozi Yunusning Eron asotiriga oid “Zahhoki Moron”i, 28 nchi yanvarda yana Shillerning “Bosmachilar”i qo‘yilg‘usidir. Bu asarlar madaniy millatlarning eng yuksak sahnalarida ham ko‘p o‘ynalaturg‘an, jiddiy va og‘ir narsalardir. Bunlarni o‘ynamoq, xalq oldida shu qadar jiddiy narsalarni jonlantirb ko‘rsatmak bizning yosh truppamiz uchun katta bir imtihon kabidir. O‘zbek truppasi shu narsalarni o‘ynamoq bilan o‘z kuchiga bir ko‘rish (manevra) yasab o‘tkan bo‘ladir. O‘zbek truppasi fevral oyi va undan so‘ngg‘i oylar uchun ham “Farhod va Shirin”, “Yorqinoy”, “Chin Temur botir”, “Uzunquloq bobo”, “Shayx San’on” kabi jiddiy asarlarni belgilamishdir. O‘zbekistonning oltini Jumhuriyatimizning eng boy rayoni, xo‘jalig‘ning manbai Farg‘onadir. Farg‘ona paxta, qoramoy, ko‘mirlar ustig‘a yana bir qancha boyliqlarg‘a egadir. Jumhuriyatimiz yashag‘an, xo‘jaliq va ro‘zg‘orimiz tiklangan sari boyliqlar, ishlab chiqarishlar yana ko‘paymakda, yana ko‘p hosillar bermakdadir. Farg‘ona shahari hozirda bu boyliqlarning tugal markazi bo‘lmasa ham, kelgusida zovud-fabrik, ishlab chiqarish korxonalariga ega bo‘lg‘usidir. Ipak fabrikasi Xo‘jalig‘i pilla – ipakchilik ishi bilan mashg‘uldir. Bu xo‘jaliqlarning 3/1 ehtiyojini shu ishdan kelgan daromad qoplaydi. Pillachilik ishi boshqa xo‘jaliq ishlariga qarag‘anda bir qancha yengil va unumli sanaladi ham ortiq xarajat va ishlash uchun yer talab qilmaydi. Dehqonlar, boshqa xo‘jaliq ishlariga zarar yetkizmasdan turib, pilla – ipakchilik bilan mashg‘ul bo‘la olg‘anlari orqasida bu ishdan bir qanchalab daromad ola biladirlar. Pilla – ipakchilik ishining hosili inqilob vaqtida, bosmachiliq davrida ancha pasayib ketib, 19-20 nchi yillarda urushdan avvalgi miqdorning 5 foizinigina tashkil qilar edi. Bu ishga milli y chegaralanishdan keyin ahamiyat berilishi orqasida pilla – ipakchilik ishining hosili urushdan avvalgi miqdordan o‘tib ketdi. Pilla qurti tutish, uni voyaga yetkazish va to‘ydirish uchun eng kerakli meva-ovqat tut daraxti – bargidir. Urushga qadar (hozirg‘i O‘zbekiston o‘lchovida olg‘anda) tut daraxtlari 15 milyon sanalib, bosmachiliq davrida dehqon xo‘jalig‘ig‘a qaralmag‘andan, tut daraxtlari ozayib, hozirda 10 milyonga keldi. Shunday bo‘lsa ham tut daraxtidan foydalanish tuzuk yo‘lg‘a qo‘yilg‘anlig‘idan pilla hosili urushdan avvalgi miqdordan ortdi. Inqilobdan ilgari pilla – ipakchilik ishlari xususiy sarmoya qo‘lida bo‘lishi bilan barobar butun pilla chet ellarga yuborilib, u joylarda ishlatagandan keyin Rusiyaga kirgizilar edi. Ipakka doimiy ehtiyoji bo‘lg‘an mahalliy xalq, o‘z molini bir necha barobar qimmatga qaytib sotib olishqa majbur bo‘lar edi. Chet el fabrikantlari pillalarni xom holida olib ketishdan katta foyda qilar edilar. Shuning uchun pillani pilla yetishadurg‘an yerning o‘zida ishlash, ipak tayyorlash ishlari yo‘lida hech qanday korxona yo‘q edi. Ikkinchidan, o‘z yerida korxona bo‘lmag‘anlig‘idan pilla bahosi juda arzon sanalishi orqasida bu ish bilan mashg‘ul dehqonlar sarf xarajatlarini qaytarib ham ololmas edilar. Sho‘rolar davrida har bir ish, ayniqsa qishloq xo‘jalig‘ini tiklash ishi dehqonlarning foydasig‘a to‘g‘rilab qo‘yilg‘anlig‘idan jumhuriyatimizda ipakchilikni ham dehqonlarg‘a foydaliq qilib yo‘lg‘a qo‘yish ishiga kirishilgandir. Biz hozir bir necha yildan buyon yo‘lg‘a qo‘yilib ishlab kelmakda bo‘lg‘an Farg‘ona shaharidagi (Samarqandda yangi ochilg‘an fabrikaga hali to‘xtaymiz) ipak fabrikasi bilan faxrlana olamiz. Bu fabrika o‘z orasig‘a mahalliy xalqdan ishchilar to‘plab, kelgusida tayanadirg‘an istehkomimiz – proletariyat yetkazishda katta ro‘l o‘ynaydi. Bu fabrikaning muvaffaqiyati va tajribasi orqasida O‘zbekistonda pilla va ipakchilik ishini, bu yo‘ldag‘i sanoatni katta odamlar bilan olding‘a olib borishqa imkon ochiladi. Bir vaqtda gubernatur va unga qarashliq poraxo‘r chinovnik – paliskalar ega bo‘lg‘an chiroyliq, yoqimli, ko‘rinishli Farg‘ona shahariga bu kun fabrik – zovud ishchilari egadirlar. Bu fabrika O‘zbekiston ipakchiligi fabrikasidir. Fabrika va uning idorasida bo‘lg‘an ishlarning oddiyligi har bir kishining hursand qiladi. Ko‘zimiz o‘rgangan bahayvat mahkama, yumshoq mebellar, asbob-uskana taroqlashlar bu yerda yo‘q. Bu yerning ko‘rinishi oddiy, soddaligi proletar makoni ekanligiga shohiddir. Fabrika ichiga kirish bilan, guldir-guldir mashinalar atrofida pillani qaynatish, ishlash, o‘rab chiqarish ishlari bilan mashg‘ul bo‘lg‘an mehnat egalarini ko‘rasiz. Bu mehnat egalari o‘zlaringizning kunda ko‘rg‘an, kunda uchratgan opa-singil, aka-ukalaringizdirlar. Hali birovga ko‘z ko‘tarib qaramaydirg‘an nomusli o‘zbek qizlari, boshqalar bilan birobar huquqli opa-singillar; o‘zining oddiy kiyimida bo‘lg‘an xotin-xalaj; chiroyliq shohidan tikilgan kiyimli va ro‘molchasini ixcham o‘rab olg‘an ko‘zi qoralar ishlaydi. Mohir qo‘llar ishni tartib, intizom va to‘g‘ri yo‘l bilan olib boradi. O‘zbekistonning qimmatli oltini – ipakni yurzaga keltiradi. Fabrikadagi yerlik ishchilar hozir 71 prasentni tashkil etadi. 1926 nchi yildagiga qarag‘anda 10 prasent ortqan. Hozirda fabrika 3 ismen bilan ishlaydi. Ishlash va yangi ishchilar olish yana kengaydi. Olinadirg‘an ishchilarning bundan keyin ham eng ko‘bi yerli xalqlardan bo‘ladi. Ish haqi 24 nchi yilda 100 prasent sanalsa, 25 nchi yilda 112 prasent, 26 nchi yilda 118 prasentga chiqdi. Ishlab chiqarish ishi quyidag‘acha: har bir toza (pillani ishlab chiqaradurg‘an qozon) 24 nchi yilda 39 put 4 qadoq pillani ishlab chiqarg‘an bo‘lsa, 25 nchi yilda 51 put 32 qadoq, 26 nchi yilda – 153 put, 27 nchi yilda 195 put 20 qadoq ishlab chiqaradirg‘an bo‘ldi. Kelgusi 4-5 yil ichida yangidan quriladirg‘an ipak fabrikalari o‘z atrofiga o‘n minglab proletariyat to‘plashni o‘ylaydirlar. O‘ziga nisbatan ko‘p Eng ilgari Andijon uyaziga tushkan dehqonchiliq solig‘i, o‘ziga nisbatan ko‘pdur. Bu uyaz bosmachiliq degan balo chiqqandan beri to‘qtovsiz urush maydoni, bosmachiliq uyasi bo‘lub kelgan. Muni bosmachilarg‘a qarshi oxirg‘i ma’raka (kompaniya)ni shul uyazddan boshlamoq bilan hukumatimizni o‘zi isbot qildi. Bosmachilarg‘a 5 yil muttasil javlongoh bo‘lub kelgan bu uyaz, tabiiy, hamma uyazdan ortiqror talang‘an, buzulg‘an, xarob qiling‘an mana shundoq xarob bir uyazga 406500 pud dehqonchiliq solig‘i tushkan. Andijon uyazida 85000 gina ro‘zgor bor. Holbuki, mandan ko‘brak ro‘zgorga ega bo‘lg‘an ba’zi bir uyazlarga mundan ozroq tushkan. Mana bu jihatni albatta e’tiborg‘a olmoq kerak. Paxtachilik ishlari («Yo‘qolg‘an paxta» vago‘ndan topildi) Andijon uyezi «Haqqulobod» qishlog‘idag‘i paxtaqo‘m punktiga kuz boshidan har bir qishloqlardan paxtalar kela boshladi. Andijon uyezida eng ko‘b paxta beraturg‘an bizning mana shu Haqqulobod rayunidur. Jag‘irag‘i mavqei ham juda keng. Shuning uchun allaqancha chaqirimlardan paxta yuklab kelgan aravalar xlopko‘mning tor saroyida tiqilishib toza qiynalib eslari ketadur. 3-4 kun bo‘ldi,hali ham paxtamni tortishka navbat tegmaydi, deb samovarlarda tumalashib yotqan dehqonlar juda ko‘p. 10-15 chaqirimlar naridagi qishloqlardan olib kelib tarozuga navbat kutub turg‘an qop-qop paxtalarni bir ko‘rsangiz edi!.. Ammo idora a’zolari ham tarozudan «akam»larning ulfatlari to‘ni yangi, so‘zi shiralik kishilarning paxtalari bo‘lsa torozuning ustida hamma vaqt naqd! Bir mo‘ylab bilan tortiladi. Bu mo‘ylab bilan pul olinadi. Munisi yana ortiqcha. Haqquloboddan uncha uzoq emas,bir qishloqdan paxta yuklab kelgan bir dehqonning 3-4 kundani navbatga qo‘yg‘an bir qop paxtasit yo‘qolgan ekan. Yonimg‘a keldi: «Mulla aka o‘lib-tirilib olib kelgan paxtam saroyda yo‘qolib qoldur «nima qilaman?»deb aytadi. Bechora dehqonni ko‘rsangiz yig‘larsiz, oyog‘ida, ustida hech narsa yo‘q. Yo‘qalg‘an paxtasi to‘g‘risida «zavedish»dan qancha-qancha turtkilar, qancha cho‘rt-po‘rtlar eshitkan. Xayr, men yo‘l ko‘rsatdim. Qo‘shchig‘a a’zo ekan,rayjroqo‘m orqali chora ko‘rildi. Bir vaqtda ko‘rsak vago‘nga yuklangan paxtalar orasig‘a «adashib» qo‘shulib ketkan ekan… Hayriyat bechora dehqonning paxtasi topilib og‘zi qulog‘ig‘a yetdi. Ammo keyingi kunlarda yana bir qop emas 13-14 qoplab yo‘qola boshladi. Lekin munisi ham singib ketmadi. Rayjroqo‘mning harakati bilan bir idora a’zosining o‘zidan chiqqanlig‘i eshitildi. Shunisi qiziqkim, yo‘qolg‘an paxtalar punktning haqiqiy oshnalaridan yoxud «korchalon»larnikidan yo‘qolmaydi. Balki eng chet joylardan bir muncha mashaqqatlar bilan qiynalib olib kelgan to‘ni yirtiq, qo‘li qabarg‘an dehqonlarniki yo‘qoladi. Mana shundoq ahvollarni rayjroqo‘m tomosha qilib o‘tavermadi. Punkt mudirining qulog‘ini xiyla cho‘zdi ham darrov dehqonlar tomonidan bir kishini vakil qilib qo‘lig‘a yaxshig‘ina guvohnoma berib tarozuning teppasiga o‘turg‘uzib qo‘ydi. Qadrli mehmonlarni qarshi olish Aqrab (o‘ktabr)ning 2 nchi kuni. Jum’a. Hamma bo‘sh. Shu uchun Eski shahar bir hayit (bayram) shaklini olg‘an. Odam degan narsa jimir-jimir qaynaydur. Tegirmon toshi bilan Charxi falakning orasi qiyoma-qiyomat! Qishliq tiyotruning o‘ng biqinig‘a yoppa yig‘in kunlari uchun ataylab kichkinagina bir ko‘rgazma (vistavka) uyushdirilg‘an. Qator do‘kanlarning birida Farg‘ona paxtaqo‘m idorasining texnika bo‘lagi tomonidan paxtani ekib va uni ishlab chiqaraturg‘an turli-tuman moshinalar qo‘yulg‘an, uning yonida yana paxta idorasining o‘zi tomonidan paxtachiliqqa oid bir bo‘lim ochdirilg‘an. Uning yonida ipakchilik bo‘lumi ochilib, unda o‘zimizning tubjoy ipakchilar pilla qaynatib, ipak pishitib, yigirib, o‘rab o‘lturadurlar. Odamlar tiqilishib, bir-birini turtushub turub tamosha qiladurlar. O‘sha o‘rtadag‘i samovorlar ham mindi-mindi. Odatdagi kabi qator-qator cho‘zulub ketkan kirakash izvoshlar yo‘q. Hammasi vag‘zalda, mehmonlarni kutadur: xalq ham – ko‘zi yo‘lda, katta ko‘chadan bitta ot qattig‘roq chopib kela boshlasa ham: – Ana, ana kelib qoldilar! – deb bir qaynab oladur. Temiryo‘l bekatining tor maydonchasini sira so‘ramang: qiyomat! Shaharning hamma mehnatkash tashkilotlari shunda – bayroqlari bilan istiqbolg‘a chiqqanlar. Qishloqlardan kelgan dehqon vakillar – ular ham qatorg‘a kirib, yo‘lg‘a ko‘z tikkanlar. Avg‘on bog‘ning ro‘barasiga kelgan poyez, sevinchi so‘rab yotqan boladak o‘kiradur: – Tuv, tuv! Tuv, tuvvvv… tuv! To‘palang boshlanadur. Tartib saqlashqa imkon qolmaydur. Har kimning fikri: ulug‘ mehmonlarni bir nafas burun ko‘rub olish! To‘palang, qiy-chuv ichida ko‘k adipli hipqit va o‘txona voshshillab bekatga kirib keladur: yana mindi-mindi! Vag‘o‘ndan bir muncha hukumat a’zolari bilan birga tushgan ishchi-dehqon oqsoqoli o‘rtoq Oxunbobo o‘g‘li bekat sahniga chizilg‘an mehnatkash saflarini aylanib yurub, hammalariga bir qurdan “salom” beradur. So‘ngra bekatning yonig‘a soling‘an go‘zal minbardan tuman – shahar ijroqo‘mining raisi o‘rtoq Hakim Xo‘jayefning yo‘g‘on, lekin kuchi ozroq, bo‘shangroq ovozi ko‘tariladur: – O‘rtoqlar! Men Andijon tuman – shahar firqa qo‘mitasi va ijroqo‘mi tomonidan shaharimizga marhamat qilg‘an aziz mehmonlarg‘a “xush keldingiz!” aytaman. Olqish to‘foni. “Urra!”, “Yashasun, O‘zbekiston markaz hukumati!” degan tovushlar. O‘rtoq Hakim Xo‘jayefdan keyin viloyat ijroqo‘mi tomonidan o‘rtoq Alixo‘jayef so‘z olib mehmonlarni “xush keldingiz!” qiladur va Andijonda ochilaturg‘an majlisdan jumhuriyatimizning va shu jumladan Farg‘onaning xo‘jaliq jihatidan ko‘tarilishi yo‘lida jiddiy qarorlar umid qiladur. Undan so‘ng navbat bilan temiryo‘l ishchilari, qo‘shchilar, kasabachilar va qizil kashshoflar “xush keldingiz!” qildilar. Bularning hammasiga o‘rtoq Oxunbobo o‘g‘li javob berdi va yoppa yig‘inning ahamiyatini va uning ro‘znomasidagi mas’alalarning mohiyatini xulosa qilib o‘tdi. Shundan so‘ng hamma hozirun Eski shaharga qarab jo‘naydur. Eski shaharda ham o‘sha binoqat bo‘lub kutish, o‘sha “ana-ana!”lar o‘sha “mindi-mindi”! Narimonif boqchasi qarshisidag‘i keng maydonga taqtadan o‘roq-bolg‘a haykali yasalg‘an. Haykalning yarim belidan turub Hakim Xo‘jayef majlisni ochadur va o‘zi tuman firqaqo‘m va ijroqo‘m tomonidan qutlag‘andan keyin, navbat bilan Muhammadali Otaboyef (qora ishchi, profsoyuz tomonidan), Badalboyef (yoshlardan), Qurbonif (uyg‘urlardan) “xush keldingiz!” qiladurlar. Ularga o‘rtoq Oxunbobo o‘g‘li javob berib – kammunistlar firqasining milliyat siyosatidan, milliy chegaralanishdan, O‘zbekistonning tuzulishidan, ochilg‘usi majlisdan va uning vazifalaridan gapiradur. Undan so‘ng O‘zbekiston markaz firqaqo‘m javobgar kotibi o‘rtoq Akmal Ikromif so‘z olib, O‘zbekiston kammunistlar firqasi va sho‘rolar hukumati qoshida turg‘an eng muhim mas’alalardan ma’lumot beradur. Xalq orasida o‘rtoq Oxunboboyef to‘g‘risida, umuman yoppa majlis to‘g‘risida ko‘b gap bo‘lub turdi. Yig‘in (miting)ga to‘plang‘an xalqni, “mollarni arzon qilish” mas’alasi ancha qiziqtiradur. Bir kosib bir qo‘lidag‘i bir bog‘ piyozni u qo‘lig‘a olib turub yonidag‘i kishiga: – Molni arzon qilish degan gap ham yaxshi gap. Hukumatimiz shundoq ishlarga bel bog‘lag‘an bo‘lsa – yaxshi, ish qilib… yaxshi! – deydir. Yig‘in tugagach o‘rtoq Oxunbobo o‘g‘li o‘t aravaga o‘turub jo‘naydur, orqasidan bir muncha xalq uni ancha joyg‘acha uzatib, “yashasun!” qilib boradur. Qalamning toyilishi Bizda bir gap bor: birov bir qaltis gapni bilmasdan aytib qo‘yub juda izza bo‘lub ketsa, orqasidan qizarub-bo‘zarub turub: «Suyaksiz til ekan, toyib ketdi», – deb qo‘yadur. Rost, til suyaksiz, toyib ketsa mumkin. Lekin qalam degan narsa tildek emas. U yo qamishdan, yo temirdan, yoki yog‘ochdan yasaladur. Zamonaning madaniy qalami bo‘lsa, mutlaq po‘lat uchlik bo‘ladur. Po‘lat-a, po‘lat! Uning toyib ketishi xiyla qiyin. Maskovdagi «Bosh paxtaqo‘mitasi»da bitta-yarimta toyaturg‘an qalam bor, lokin harchand undek katta bir idoraning qalamlari yot mamlakatlarda ishlangan (zagranichnыy) va birinchi navdan (pervыy sort) uchlarga ega bo‘lsalar ham, shoshilishda qoqilib ham ketarlar ekan! O‘sha Bosh paxtaqo‘m tomonidan paxta xususida o‘rus tilida bir kitob nashr etilgan edi. Kitobning ismidayoq shu «qalam toyilishi» hodisasi juda aniq ko‘rinadur. Ya’ni ijtimoiy asosga qurulg‘an Sho‘ro Jumhuriyatlari Ittifoqining Sharq tomonidag‘i a’zolari (O‘rta Osiyo va Qafqasiya jumhuriyatlari) tuprog‘ida unaturg‘an paxtag‘a «o‘rus paxtasi» (russkiy xlopok) deb ism qo‘yilg‘an. Bosh paxtaqo‘mdag‘i «toyilg‘ich qalam» Turkiston bilan Qafqasiya o‘rnig‘a Ryazan va Tobol viloyatlarini keltirib qo‘yub, osiyoliklarning «yaqin» va «g‘amxo‘r» do‘stlari bo‘lg‘an Milyukov va Cho‘qayevlarg‘a Parij maydonlarida jirtak chalishqa ortiqcha va kerakmas bir zamin tayyorlab bergan… Maskovdagi Bosh paxtaqo‘mdan va uning «toyilg‘ich qalami»dan xafa bo‘lishqa ham to‘g‘ri kelmaydur. Chunki u qalam birorta «sobiq»lardan chiqqan «spets» (ishbilarmon)ning qalami bo‘lsa kerak. Lekin o‘zimizning qizil Toshkentdagi O‘rta Osiyo sho‘ro jumhuriyatlarining bosh gazeti bo‘lg‘an «Turkpravda»g‘a nima deylik? Muhtasham kabinalarda o‘lturg‘anlari bilan, «Turkpravda» sotrudniklari orasida ishbilarmonlar yo‘q edi, shekilli. Tojikiston jumhuriyati to‘g‘risida o‘rtoq Imomov bilan musohaba qilg‘an «Turkpravda» sotrudnigi «Pomir» (Murg‘ob)ni nimaga «O‘rus Pomiri» (Russkiy Pamir) deb atadi ekan? Axir «Xitoy Pomiri», «Ingliz Pomiri» degan atamalar bor, bu ham jug‘rofiy bir «atama»-da demakchilarmi? Unda Turkistonni ham «O‘rus Turkistoni» (Russkiy Turkestan) desunlar; «Xitoy Turkistoni» degan atama ham bor… Biz hayron bo‘ldik, o‘yladik, oxirda shu qarorg‘a keldikkim: «Turkpravda» idorasida ham birorta «toyilg‘ich qalam» paydo bo‘lub qolg‘andur-da!.. Gap cho‘zulub ketdi. Bosh og‘rig‘i bo‘lmasun deb qo‘rqamen: Turkiston iqtisod sho‘rosi tomonidan shu yil nashr etilgan «Statistika solnomasi» (Statisticheskiy yejegodnik)ni o‘qub edim. Undagi toyilg‘an qalamning qo‘pollig‘ini ko‘ring! Ya’ni o‘sha kitobda: «Turkistonni olg‘an o‘rus podshohlari uni mustamlaka qilmoq uchun muayyan reja bilan iqtisodiy zarurat orqasida olg‘anlari yo‘q. Balki Rusiyaga chegaradosh bo‘lg‘an qabilalar o‘rus savdo karvonlarini talab, hadeb besaranjom qila bergandan keyin shularni bosamiz deb aylanishib kelib qolg‘an!» – deyiladur. Bu kuchli da’voga kuchli dalil lozim bo‘lg‘anidan: «Mana dalil kerak bo‘lsa!» – deb ushbu so‘zlar yoziladur: «Shuning uchundurkim Turkistonni olg‘andan keyin chor hukumati uni nima qilishini bilmay hayron bo‘lg‘an edi»… Qalamning bu daraja esiriklarcha toyilishi odamni qo‘rqutib yuboradur. Bu toyilg‘an qalam o‘zining shu toyilishi bilan o‘ktyabr inqilobining birinchi kunidan beri qilinib kelayotkan da’volarning ustiga katta bir qora chiziq chizmoqchi, shekillik! Ya’ni o‘ktyabr inqilobi «Chor hukumati Turkistonni mustamlaka qilish uchun olg‘an edi» degan shiorni tashlag‘an bo‘lsa ham, bizdan (statistikachilardan) so‘ramasdan, haqiqat qilmasdan shoshilib tashlab qo‘yg‘an… demakchi, shekillik! Barakalla!.. Qamalg‘an dehqonlarni bo‘shatish O‘zbekiston markaz ijroqo‘mining 3 nchi yalpi majlisi Andijon shahrida ochilib, shuning orqasida Farg‘ona dehqonlari bilan jonli aloqa qiling‘an bo‘ldi. Shu aloqaga bir misol ham shudurkim, markaz ijroqo‘m tomonijan ta’yin bo‘lg‘an alohida komissiya shu kunlarda Andijon ovaqtasini tekshirib ko‘rub chiqdi. O‘sha tekshirish natijasida ishchi-dehqonlardan 17 kishini qamoqdan chiqarishqa markaz ijroqo‘m tomonidan qaror berildi va ijrosi tegishli idoralarga topshirildi. Qat’iy damlarda Bundan 50-60 yil ilgarigi Fransiya-Germaniya urushida Fransiyani yanchib, ezgan Germaniya bukun Fransiya ostida yanchilib bormoqdadir. Ilgari “g‘olibiyat” bilan gerdayib, katta-kichikni, yosh-qarini, gunohli-gunohsizni ajratmay yastag‘an germon afiserlarining “sharaflik” vazifalarini bukun Rur muzofotida fransuz afiserlari ortiq darajada qobiliyat va “ustaliq” bilan ado qiladirlar. Rurdagi fransuz yovvoyilig‘i og‘izlarda doston, tillada maqol bo‘ldi. Gʻarb gazetalaridan ba’zi birlari fransuz panjasida Rurning kundalik voqealarini yozar ekan “jabr va zulm shuunoti” degan ma’nilik bir sarlavha qo‘yadirlar. Shu holda… shu holda butun shu “jabr va zulm”ga ko‘ndalang bo‘lg‘an Germaniya xalqi, olmon millati o‘zining muvosachi hukumatidan qanday qiziq, qanday ajib nag‘malarni eshitadir! Bu kun shu nozik daqiqada, mas’alani yo uyoq, yo buyoq qilib, uzul-kesil hal etaturg‘an qat’iy damlarda, “muvosachi” afandilar qanday fikrda yuradirlar? Shunday nozik va qat’iyat talab etgan damlarda, Prussiya doxiliya noziri muvosachi Zvering turub: “Germaniyaning millatchi-teskarichilariga qattig‘ hujum qiladir”. Prussiya Millat majlisida zo‘r tantana va dabdaba bilan bir nutq so‘zlab bir tarafdan: “O‘nglar tashkilotining tarqatilib, qurol-yarog‘lari tortib olinishini talab qiladir”. Ikkinchi tomondan esa: “Ortiqcha buzulub, yo‘ldan chiqib ketgan teskarichilar bosqinidan ishchi xalqni muhofazat qilmoq uchun tuzulgan ishchi tashkilotlarining ham tarqatilishini talab qiladir. Holbuki, Zveringning bu harakati, bu hujumi aslida ko‘brak ishchilarga qarshidir. Muvosachilarning o‘nglarga hujumi, ko‘brak, tildagina bo‘ladir”. Ahvol juda mujmal, juda chuchmal. Qat’iy bir yo‘l tutulmag‘anda bu mujmal ahvoldan qutulub bo‘lmas. “Maskav pravda”si aytgandek: “Shu mujmal ahvoldan qutulmoq uchun qo‘llarida muayyan bir prog‘ramlari, yo‘l-yo‘ruqlari bo‘lg‘an firqalar, podishohchilar bilan kammunist firqalaridir. Bularning avvalgilari mujmallikdan qutulmoq uchun, toj va taxtni tirgizib, yurt boshig‘a bir podishohni o‘tqazib qo‘yub, so‘ngra Fransiyaga qarshi urush ocharlar, ikkinchilari bo‘lsa mamlakatda haqiqiy o‘zgarish yasab, sho‘rolar Rusiyasi bilan ittifoq bog‘larlar. Bu ikki firqaning qaysi biri zo‘r kelsa ham Fransiya bilan uzulishlik bor”. Shuning uchun hozirg‘i chuchmal vaziyat orasida yuragi dukillab turg‘anlar orasida, faqat muvosachi Zvering va sheriklarininggina emas, Puanqara, Banar Lou, Kerzon ham Mussolinilarning ham qatorlashib turg‘anlig‘ini ko‘rub turamiz… Har holda, bunday qat’iy damlarning birdan chiqib qolaturg‘an qat’iy voqealari ham ko‘b bo‘ladir!.. Qayerdan topqan ekanlar?! Bu kun ba’zi bir bo‘lus ijroqo‘m boshliqlarining o‘g‘ullarini to‘y qilish niyatida o‘n kunlab to‘y-tamosho qilib, allaqandoq o‘rinsiz, behuda isroflarga urnab turg‘anliqlarini eshitmakdamiz. Mana shular jumlasidan, Isfara bo‘lus ijroqo‘mining boshlig‘i Otaboy o‘g‘li degan bir “oliyhimmat” o‘rtog‘imiz Marg‘ilondan tortib qiziqchilar chaqirib, aqlg‘a to‘g‘ri kelmayturg‘an ishlar, dabdabalar bilan to‘y qilmoqdalar. Bu kishining qilg‘an sarflari, tutqan ishlarini eshitib: “Buncha pulni bu o‘rtog‘imiz qayerdan topqan ekanlar?” deb kishi hayron bo‘ladur. Voqean, bu kun qishloq, bo‘lus ijroqo‘mlarimiz oyliq ololmay, tuzukrak bir ta’minotga ega bo‘lmay turg‘anlari vaqtda Isfara volijroqo‘mining bu xilda pul chochib, dabdabali to‘ylar qilishi qiziq va sirli bir ishdur. Mana bu to‘y, bizga ikki turli mas’alani keltirib chiqaradur: 1) o‘rtoq Otaboy o‘g‘li bunchalik to‘y qilishdan katta bir boyning bolasig‘a, meros boybachchasiga o‘xshaydur. Bu holda Isfara mehnatkashlarining ustida bu xilda boybachchaning ijroqo‘m bo‘lub o‘turishga kim yo‘l berdi? 2) O‘rtoq Otaboy o‘g‘li o‘turg‘an mansablaridan foydalanib, Isfara ishchi-dehqonlarining terisini sidirib cho‘ntaklarini to‘ldirg‘ang‘a o‘xshaydurlar. Isfara volijroqo‘mi to‘g‘risida bir vaqtlar gazeta betlarida yozilg‘an shikoyatlar shu ehtimolning haqiqat ekanligiga tonuqliq beradir. Mana bu hollar ko‘rsatadurkim, pastgi sho‘ro tashkilotlari mehnatkash dehqonlarning boshlig‘i va yo‘lboshchisi bo‘lush o‘rnig‘a, ularning kuchidan, peshona terisidan foydalanaturg‘an har xil chayqovchi kishilarning qo‘lida o‘yinchoqdur. Shuning uchun pastgi sho‘ro tashkilotlarini tozalash, yaxshilab va mustahkam yo‘lg‘a qo‘yish mas’alasi eng muhim va zarbali bir yo‘sung‘a qo‘yilishi kerak. Bu kungacha bu to‘g‘rida, og‘izda, qog‘ozda gapirib kelgan bo‘lsaq, endilikda ish va qat’iy harakat bilan hal etishimiz, pastki sho‘ro tashkilotlaridan shu xilda buzuq, yaramas unsurlarni haydashimiz lozim. Qaysi jinni? Andijon ila O‘sh shaharlari orasida Xo‘jaobodda bir odam jinni bo‘lub, bozorlarda xalqga baland ovoz ila qichqirub yurubdirki: “Ey birodarlar! Kimki o‘g‘lini va yo qizini o‘qutmasa ul odam xudoi taoloning katta bir ne’matidan mahrumdir…” Ammo ko‘b yerlarda katta katta mahalla oqsoqollari xalqga: “Birodarlar! Kimki o‘g‘lini va yo qizini usuli jadida maktabida o‘qutsa to‘yiga ham janozasiga ham bormasmiz” deydilar. O‘quvchilar! O‘ylab qarangiz! Bulardan qaysi jinni? Qaytish yo‘q Fevral inqilobi o‘tining tutantirug‘lari o‘choqqa keltirilub qo‘yilg‘an bo‘lsa-da, go‘girt hali chaqilgani yo‘q edi. Petrograd mehnatkashi ul vaqtda – shul o‘choqqa o‘t tutantirishni o‘z bo‘yniga olub, niyatni mahkamlagan bo‘lsa-da, hali go‘girtni toba olgani yo‘q edi. Hali Fevral inqilobina, chamamda, bir oydan ortiqroq vaqt bor edi. Turkiston va turkistonliklarning boshiga “balo” yog‘murlari, “qazo” sellari yog‘dirub ketkan qora bulutlar hali ko‘zdan yo‘qolmagan, ko‘kmak siyosat osmonining ul… nari chekkasida o‘zining devga o‘xshagan xunuk chehrasi bilan ko‘runub turar edi… Ul bulutlarning “hokimi mutlaqi” bo‘lg‘on Nikolayning bugun “qariyai shohona” (podshoh qishloqchasi Sarskoye selo)ning xayoliy to‘qay (o‘rmon)lari ichina eski hikoyalarda aytiladurg‘an sari saroylarga o‘xshatub soling‘an go‘shakining, boqcha tarafdagi ayvonida “muboriy Rasputin”ning “muqaddas xayoli” bilan xayollanub o‘lturg‘an ertaga “uzun mo‘ylov boboy” bilan birga Pskof yo‘lida ketub borg‘an shohona vagonning oynagi oldida o‘lturub, qo‘rqa-qo‘rqa tashqariga qaragan vaqtlari edi… Ul hali bir oydan keyin bo‘ladurgan “(h)angama”larni o‘ylamas, hamon, hamon… shu saltanat, shu kayf, shu safo bilan umr o‘tkazishligiga ishonar edi. “Trudovik” Kerenskiy ham hali grammofun lappagiday charchamas og‘zini ochmagan, shamol vaqtida bir to‘qtamay aylanadurgan pildiroqday tilini ham kaldiratishga boshlamagan edi… Onasining qornida ekan, “Chin rus ittifoqi” a’zoligina yozilub, ajal farishtasindan monarxistlikka qog‘oz olgan “hurmatli” Purishkevich-da o‘zi mansub bo‘lgan “Ittifoqi muqaddas va muborak”ning 1917 nchi yilda qiladurgon harakat va faoliyatinda yo‘llar izlamak, loyihalar tuzulmak ila mashg‘ul edi. Karaulof-da joyidan turub jur’at bilan baqirmagan, Chexaidze bilan Chexankali ham hali tribuna (kursii xitobat)da olinadigon vaziyat haqinda hech narsa o‘ylamaganlar edi. Bukungi kunda mehnatkash inqilobining mutashakkil dushmani bo‘lgan Rodzanko-da ul vaqtda hali tez vaqtda “Muvaqqat qo‘mita” raisi bo‘lub butun Rusiyaga bir necha kun hokim bo‘lishlikni emas, dumada qo‘ng‘iroq chalavurub qo‘li tolishligini ham o‘ylagani yo‘q edi… Hurmatli o‘rtoq Lenin hali Ovrupoda Marks nazariyasining asoslarini ontar-to‘ntar qilish bilan mashg‘ul; bir kun kelub uning inqilobi yo‘linda rahbar bo‘lturgoni Rusiya mehnatkashining quvvatlik bo‘lgon inqilobi hiddatining yaqinday-la mavj urub, pishqirub ketishligini balki xotiriga ham keltirgani yo‘q edi… Bilmadim, birodar Trotskiy o‘zining otashli qalbini, o‘rtoq Zinovyef bilan Isverdloflar o‘zlarining mahkam matonatlarini qayda, qaysi burchakda saqlab turgon edilar ekan?.. Inqilobning juda chaplashib ketishindan qo‘rqub Sibir hukumatining quchog‘ina sig‘ingan qora “admiral” Kolchak tarafindan – bir dahor Rusiyaning ichki ishlarini aralashmaydurgan qilinub – Ovrupoga “uzatilgan” Ovksentyef, bilmadim, qayerda edi?.. Rusiyaning bugungi “Mahdi”si bo‘lgon Kolchak to‘ram Qora dengiz bo‘ylarinda botirilgan turk urush kemasi “Majidiya”ning mazori ustinda ko‘krak kerub tengiz zobitlarina zafar xitoblari so‘zlamakda edi… Denikin to‘ram ulug‘ Ovrupo urushining quloch yetmas maydonlarinda, Yudenich ham shul maydonlarning bir chekkasinda Turkistondan kelgan “sort” rabochilarini bir marotaba ko‘zdan o‘tkazub, xandaq kavlatmak uchun urushning oldingi saflariga yuborgan edi… Bizning “Kaklik to‘ra”miz esa, bukungi “Oq uy” (Белый дом)ning o‘rtasindagi qishliq boqchasinda o‘lturub Jizzax “qahramoni” polkovnik Ivanofning Farg‘onada qilgan faoliyat harakatlarini 5-6 varaqlik “axborot” (донесоние)lardan o‘qub bilub, uning chinini (martabasini) yana bir pog‘ona oshirishni so‘rab “zoti shohona” (Nikolay)ga murojaat etmoqchi edi… Xayr, ul shu kunlarda “mardikor isyoni”ga aralashkanliklari uchun harbiy mahkama tarafidan o‘lim jazosina hukm etilgan bir necha “osiy sortlar”ning ham gunohini “marhamat qilub” ozroq kechub, “o‘lim jazosi” degan hukmning 20 yillik Sibir bilan almashdirgan edi… Uning quloqlaridan o‘zining Toshkand shahar dumasida, Andijonda maorif noziri (inspektur) Kuznetsufga qarshi sortlarni maqtab so‘zlagan nutqi va ul nutqdan keyin urulgan qarsaklarning ovozi ham yo‘q bo‘lmagan, xayol ko‘zi esa, ul nutq munosabati ila “o‘lka boshlig‘i” (начальник края)ni juda maqtab yozgan “Elonura Deksun”ning maqolasini hali ham ajoyib shodlik bilan ko‘rib turmoqda edi… Polkovnik Ivanof ham Farg‘onada o‘z faoliyatini ijro qilmoqda davom eta edi… Xulosa, hamma narsa o‘sha “eski, go‘zal, rohat” vaqtlarning qonunlari ila sekin-sekin aylanmakda edi… O‘sha vaqtda, o‘sha istibdod idorasining eng shiddatlik vaqtlarida chapligi bilan shuhrat chiqargan bir gazeta idorasida hay’ati tahririya a’zosi sinfi ila men ham xizmat etar edim. Shu gazetani chiqarub, boshqarub turgon kishilar va shular orasinda men ham ul vaqtdagi hukumatning teskari nazarini qilgan edik. Gazeta idorasindan chiqub Nikolay ko‘chasi (hozirgi Kerenskiy) bo‘ylab uyga qaytganimizda yoki matba’aga borganimizda magazinlar oldidagi iskameykalarga gulday bo‘lushub chizilishub o‘lturgon er va xotunlar bizga qarashub allanima deb bijirlashar, so‘ylasharlar, bir-birlariga imo va ishorat qilishurlar edi. Ul vaqtning muhofizlari bo‘lgan o‘g‘ri polisalar bizga shubhalik nazar bilan xo‘mrayib-xo‘mrayib qararlar, qo‘llarindan kelsa, allanima qilgunday bir chehra ko‘rsaturlar edi… Shul vaqtda biz, bizning sheriklar ul vaqtda “chaplik” atalgan fikrimizni tarqatish yo‘linda davom etmakda edik. Bir kun idorada zarur ish bo‘lganligi uchun (musulmoncha gazeta chiqarish xususinda) kechka qoldim. Men idoradan chiqg‘an vaqtda kechasi soat bir yarimdan o‘tkan edi. Chiqdim: ko‘chadan jon asari yo‘q… Jim-jit… Shu damda shirin uyquda yotkan odamlar bilan birga go‘yo butun koinot, butun borliq uxlar edi… Atrofimga yaxshilab qaradim, mendan boshqa jon asari yo‘q edi. Yolg‘iz yiroqda, yiroqda musofirxona (numera) oldinda o‘zining nurlarini chachub turgan elektrik fonarinda bir xil qaltirash, titrash sezilar edi. Tun qorong‘u… Ko‘chalar loy… Ko‘ngilsiz… Siyosiy havo undan ham qorong‘u, undan ham ko‘ngilsiz; ko‘ngilsizlik bilan ilgari (h)atladim. Qiyin bo‘ldi. Loyning eng yopishqoq yerlaridan yurushka to‘g‘ri keldi. Shu holda uyga qanday qilub loyga botmay bora olaman? Miyamda bu savol bo‘lgani holda o‘zim hamon oyoqlarimni chaplanib bosub ilgari (h)atlar edim. Bir ko‘cha o‘tkandan keyin burchakda bir foytun ko‘rdim; foytun egasi (извушник) arba ichinda uxlar, otlar ham boshlarini pastga egub uxlarlar edi… Yaqin bordim. Bir oz qarab turdim, qattig‘ uxlagan ekan, uyg‘onmadi. Yana yaqinroq borub: “Birodar!.. Turung!..”, dedim. Yana uyg‘onmadi. Yana qattiqroq aytdim: “Ho‘y, birodar!”. Sekingina boshini ko‘tarub: “Nima?” dedi. Meni olub borub qo‘ying. Qayerga? zovudiga. Bir yarim so‘m berasiz-da. Xo‘b… Bir (h)atlab foytun egari (козла)ga chiqdi. Chu!.. ketdik! Indamay otni haydab ul boradi, ba’zan-ba’zan loy chachratib otlar boradilar, qorong‘i o‘ylar o‘ylab men boraman… Bir oz borgan edik, ro‘baro‘mizdan bir polisa ma’muri (полицейский) chiqdi: To‘qta, izvushnik!.. Odam bor! (занят). Foytunchi yura berdi… To‘qta, deyman!.. Zanyat, afandim!.. To‘qta, yaramas (негодяй), to‘qta, dedim. To‘qtadik. Ma’mur afandi keldi-da, menga qarab: Siz kim? Bir odam. Qanday odam? To‘g‘ri bir odam! Qanday odam? – deb achchig‘landi ma’mur. Achchig‘ingiz kelmasin, afandim. Bir fuqaro… Hukumat odam emas? Yo‘q. Tushingiz foytundan! Na uchun? Chinovnik osobix porucheniy…ga kerak. Menga ham kerak! Tushing, boshqa gap!.. Yetalab tushirub qo‘ydi, o‘zi foytunga o‘lturub ketdi, men qotub qodim… Kerenskiy vaqti… Hurriyat, adolat, musovot, uhuvvat shiorlari… Bir kitobchamni bosdurmoq uchun Xo‘qandga borishga deb poyezdga chiqdim. Poyezd ketishiga juda yaqin qoldi. Zo‘rg‘a bilet olub ulgurdim, vagonga chiqdim. 3 inchi klassda xalq yaxshi bosh olgan jo‘gariday liq to‘lgon, tikka turub ketishga ham mumkin bo‘lmadi… Poyezd qo‘zg‘alganda yugurub 2-ga o‘tdim. Unda ham odam ko‘b. Lokin unchamas. Yiqilub, qisilub bir xonaga kirdim. 9 kishi musulmonlar bor edi, meni qabul etdilar; 10 bo‘ldik… Boshqa xonalarin ovrupoli “burjuylar” 6-7, ba’zilarida 5 kishi ichdan bekitub olganlar, hech kim kirgizilmaydi. Bir xonada(n) bir tarafka semiz chinovnik cho‘zilub yotub, yonidagi kichkina bir “oyim”ga hadeb Kornilufni yomonlab, musovot va hurriyatni maqtab ketayapti… Bir vaqtda – 2 kishi keldi, birisi ofisar, birisi temiryo‘l chinovnigi. Xonalarni qarab yurub bizning xonaga kelgan ofisar: – Muna munda yerlilar o‘tiradilar, – dedi. Davay! Davay! Bizning xonaga kelub chinovnik: Xonani bo‘shatingiz grajdanlar! Xo‘sh, nimaga? Zobitlar xay’ati (офицерский состав) uchun band. Yo‘q, biz ham bilet olgan. Ozmisiz bilet olgansiz (мало что ли!). Ofitsar g‘azablandi: Chiqingiz, grajdanlar! Gʻalvani keragi yo‘q… Boshqa xonalar-chi? Siz boshqa xonalarga bo‘ling, bu xona numerlik va faqat (o‘zini ko‘rsatub) bizning uchun band!.. Yo‘q, siz bizga joy topub beringiz! Xo‘p, topub beramiz! – dedilar. Chiqdik. 4 ofisar kelub yerlashdi. Eshikni ichdan bekitib oldilar. Ma’mur borub bizni hamma xonaga joylashdiraman deb ko‘rdi, ovrupoli qardoshlar unamadilar. Bo‘ldi janjal, bo‘ldi janjal… 2-3 istansa o‘tdi. Undan keyin ma’mur ham tushub ketdi, joy ham bo‘lmadi… Biz karidоrda tikka turub ketdik… Ko‘nglim shu narsalarni o‘ylaganda aytdi: Eski zamonga qaytish yo‘q! Qishloqlarda Farg‘onaning eski shaharlaridan bittasidamiz. “Charxifalak” degan joy, bozorning o‘rtasi. Uyoq somovor (choyxona); buyoq somovor, o‘rtasidan to‘la suvi bilan bir anhor o‘tadur. Anhorning qoq o‘rtasiga bir so‘richa qo‘yulg‘an. Asad (iyul) oyi. Kun juda qizig‘an. Havo, So‘fi Olloyor aytkandak: “Miska o‘xshab qizg‘an”. Dunyo to‘ngkarilib qolg‘an issig‘ mis idish deysiz… Har kimning qo‘lida bir yelpig‘uch, yelpinadur, “oh-voh” qiladur… Bozorlarda sanqirab yuraturg‘an ovora itlar ham ko‘runmaylar. Suyak umid qilib qossoblar oldida, oshxonalar tegrasida hamma vaqt aylanaturg‘an bozor itlari, soya joylarg‘a kirib uxlash harakatidalar… Katta tog‘ora bilan choch ayran qilib, o‘rtasiga katta ikki parcha muz solib qo‘yg‘an ayranchi, ayranni har shopirg‘an sari yengi bilan yuzini artadur. Burung‘iday: “ustasi manbaydan, shogirdi taralaydan kelgan ayran!” deb baqirib, maqtab sotishqa ham havsalasi yo‘q… U maqtamasa ham o‘tkan-ketkanlar bir piyola sovuq ayran ichmasdan o‘tmaydurlar. Jangr-r-r-r… Jungr-r-r-r… Shaldir-r-r-r… Shuldir-r-r-r… Bu hozirg‘i vaqtlarda chaynak o‘rnig‘a ishlatilaturg‘an choydishlardan chiqqan tovush… To‘palang yillarida chaynaklar ham qolmag‘an edi. Yangilari kelguncha ochilg‘an somovorlarda kichkina-kichkina sarg‘ich kelgan qizil misdan chiroyliq yengil choydishchalar paydo bo‘lg‘an. Choyni piyolaga quymoq uchun choydishchaning bo‘ynini egsangiz, qopqog‘idag‘i kichkina qutichag‘a joylang‘an mayda tosh parchalari uyoq-buyoqqa o‘tub yoqimli, jangiragan tovush chiqaradurlar… Somovorchi ham yarim uxlab, yarim uyg‘oq o‘lturub choydishchalarg‘a suv quyadur. Somovorda o‘lturg‘anlar ham og‘anash harakatida… Bizning katimiz – so‘richamiz onhorning qoq o‘rtasida biz bilan suv orasida bir qarich ochiqliq bor. Kartlik oyoqlarig‘a shaloplab tekkandan keyin, ikki ajralib, shir-shir oqib ketayotqan suvlarning betida kichkina xashakchalar o‘ynab-o‘ynab oqib boradurlar. Kat ustida yotqanlar ham, issig‘ning shiddatidan o‘zlarini suvg‘a tashlamoqchi va o‘sha xashaklardek suv qo‘ynida allaqaylarg‘a sudralib ketmakchi bo‘ladurlar! Qarshimizdag‘i so‘richada qishloq xalqi ekanliklari aftlaridan bilinib turg‘an ikki kishi o‘lturadur. Biz bilan qo‘shni bo‘lsalar ham bir-birimiz bilan tanish emasmiz. Ular goh-goh bizga qaraydurlar, biz ham tez-tez ularga qaraymiz. Bizda shular bilan tanishmak, shularning qayerliq ekanliklarini bilmak, bilgandan keyin turg‘an joylari va yashag‘an qishloqlari to‘g‘risida bir narsa eshitmak havasi qo‘zg‘oldi. Qandoq qilib bo‘lsa ham tanishmak istar edik. Qishloq xalqi, asti o‘zi betakalluf bo‘ladur. Bittamiz so‘radiq: Siz shaharlik emasmisiz? Yo‘q, biz qishloq odami. Qaysi qishloqdan? “Mosi”dan. Bozorqo‘rg‘on “Mosi”sidanmi? Shu bilan gaplashib ketaberdik. Keng tala. Qator-qator talalar; o‘tlar, ba’zi joylarda bir-ikki tup qayrag‘och ham bor. U daraxtlarning o‘rtasi ko‘m-ko‘k qamish. Shamol kelgan sari shatir-shutur tovush chiqaradur. Qamish orasidan chigirtka, shom yaqinlashib, qorong‘i tushishi bilan “chir-chir” qilib quloqlarni yeydur… Balandroq bir joydan qarangiz u yer – bu yerda zo‘r-zo‘r olovlarning guldirab yotqanini ko‘rasiz. Nima bu qishloqqa o‘t ketdimi? Yo‘q, to‘palang vaqtida ekin yerlarni bosib ketkan qishloqlarg‘a dehqonlar o‘t qo‘yg‘anlardur. Kesib tamom qilish mumkin emas. Qamish yonib-yonib to‘xtag‘andan keyin dehqon xotun bola-chaqasi bilan talada: Yerini shudgar qiladir! Yo‘lingiz yana qishloqqa tushub qoldi. Yo otliq yo piyoda tala yo‘li bilan ketib borasiz. Yiroqdan qo‘sh, omoch ko‘rinadur. Ot yo‘q. Nima balo? Onovilar yer haydab yotqan dehqonlar emasmi? Ot bormi, yo‘qmi? Men ko‘rmay yotibman. Ot yo‘q, mullaka. Ho‘kuz qo‘shg‘anmi? Yo‘q mullaka. Eshakmi? Yo‘q mullaka. Ha, bo‘lmasa omochqa nima qo‘shqan? Nima bilan haydaydur? Odam bilan… Yerga yaqinlashdingiz. Qamishlar shatir-shutur qilib orqangizda qolib boradur. Necha yildan beri chopilmag‘an oriqlar ko‘katlar ostida qolib ketkan, ko‘runmaydur. Oriq, charchag‘an otingiz yiqilay-yiqilay deb orqadan o‘tdi. Ko‘zingiz ekinlik yerda. Ko‘z oldingizda chindan foji’ bir ko‘runish ochiladur: Eski, pachoq bir omoch… Orqada omochni ushlab borayotqan bir odam… Oldida otning, ho‘kuzning o‘rnida ikkita odam… Dona-dona ochchig‘, zaharlik terilar yalang‘och tanlaridan yumalanib tushub boradurlar… Yuzlari – sovug‘an o‘choqday bo‘lg‘an… Hansirab, charchab, horib-tolib chidamlik oyoqlarini ilgari bosadurlar… Asad (iyul) oylari… Havo “Misdek qizg‘an”… Issig‘liq – yerni dahshatlik quchog‘ig‘a olib, jonivorlarning hammasini qo‘g‘urmoqchi, kabob qilmoqchi… Qishloq odamlari tez-tez terlarini artib gapiralar. Biz ham – issig‘liqni esdan chiqarib yuborib, butun borlig‘imiz bilan qishloqilarning gapini tinglaymiz. O‘sha dehqonlarning changqog‘larini qondirib kelayotqan onhor suvi, sevinib-sevinib oqib boradir. Qishloqilar gapni davom etdiradurlar. Biz tinglaymiz. Asad (iyul) oylari… Havo “Misdak qizg‘an”… Qishloqlarda davo o‘rinlari Bu kungacha Namangan qishloqlarining ko‘bida sog‘liqni saqlash ishlari yo‘q darajasida edi. Ijroqo‘mning so‘ngg‘i o‘turishida Chustga bir xastaxona, Chortoq, Xonobod, Koson, Pop qishloqlarig‘a doruxona va davoxona ochish lozim topildi ham ochildi. Qiziqlar Aytadilarki, burun zamonda bir xonning o‘ziga xos qizig‘i bo‘lar ekan. Bir kun xonga salom bergali kirganida u qiziq bilan xon o‘rtasida mana bunday bir so‘zlashuv bo‘lub o‘tgan: X o n: – Xo‘sh, falonchi, qalaysan? Q i z i q: – Otdek, taqsir. Xon (kulib): – Otdekmi, itdekmi? Q i z i q: – Bo‘lmasa, soyai davlatlarida itdek… Xon (jiddiy): – Nimaga bo‘lmasa, ilgari «otdek» deb eding? Q i z i q: – Unda, taqsir, soyai davlatlari boshimizga yetmagan edi. Buni naql qiluvchilar undan narisini, ya’ni shu javobdan keyin bechora qiziqning boshi omon qolg‘anmi yo darhol tanidan judo qiling‘anmi – buni aytmaydilar. Odatda, saroy mojarolarini ko‘prak saroyning xos tarixchilari – «voqeanavislar» yozar edilar. Ularning ko‘pchiligi quruq maqtovchidan iborat bo‘lgani esa hammamizga ma’lum. Bir saroyning razolatlarini faqat ikkinchi saroyning voqeanavisi jur’at qilib yoza olardi. Podshohlarga til tegiza olmoq, ularni haq va haqiqat ustida bir oz tanqid qila bilmak uchun Firdavsiy va Fuzuliy kabi saroydan yiroq turgan va yuksak shoirlik maqomig‘a erishgan kishilar kerak edi. Tarixda bunday siymolar kam uchraydi. Saroy voqeanavislari jim qolg‘an bo‘lsalar-da, yuqoridag‘i javobni bergan qiziqning xon hazratdan, har holda, siylov olmagani o‘z-o‘zidan ma’lum. Bunday nozik paytlarda jim qolishning o‘zi ham ko‘p narsani bildiradi. Xalqning o‘zi «indamaganim – nima deganim» demaganmi axir? Podshohlar, sultonlar, xonlar va beklarning qamchilaridan qon tomgan zamonlarda, xalq ko‘pchiligi o‘z dardini bir yulg‘un bachkisiga ham ayta olmagan davrlarda (bu xususda ma’lum bir hikoya bor emasmi – «podshohning boshi kal ekan»), xalqning og‘ir ahvolini, mamlakatning qora kunlarini, ko‘pchilik fuqaroning dard va hasratlarini bironta saroy yoki xalq qizig‘i chiqib «hazil» yo‘li bilan yedirib yuborardi. Katta-katta izdihomlarda, yillik sayillarda, necha kecha-kunduzlik to‘ylarda so‘z qilaturg‘an qiziqlar necha minglarcha xalqning juda zo‘r maroq bilan o‘zlariga tikilib turganini ko‘rsatganlaridan keyin jamiyatning fayzi bilan dadillanib, mamlakatning kattalarini, beklar, hokimlar, qozilar, raislar, muhrdorlar va hatto xonlarning o‘zlarini tanqid qilib tashlar edilar. Natijada ba’zilarining boshi ketib, ba’zi birlari «oq uylik» (badarg‘a) qilinib, bir xillari esa boshqa mamlakatlarga qochib, xonavayron bo‘lardilar. Faqat ularning og‘izlaridan chiqqan buyuk haqiqatlar haqiqatgo‘y shoirlarning o‘lmas asarlari kabi xalq ko‘ngliga yozilib qolardi va muchallardan muchallarga o‘tardi. Faqat shoirlarning asarlari qog‘oz betiga bitilgani uchun shu kungacha saqlanib qolg‘ani holda, u qiziqlar aytgan haqiqatlar tildan-tilga ko‘charkan, yuz yillarning uzun yo‘llari ichida o‘chib, yo‘q bo‘lub ketganlar. Yaqin Sharqning mushtarak xazinasi demak mumkun bo‘lgan Nasriddin Afandi shu ulug‘ eranlarning ustozi emasmi? U ham shu «qiziq» degan sharafli nom ostiga kiradi. Qiziqliqni shariatga xilof deb uni past poyaga tushurganlar past poyali ruhoniylardan boshqalar emasdi! Hali o‘rganilmagan, tekshirilmagan va ochilmagan, feodalizm davriga oid tariximizda katta haqiqatgo‘y qiziqlar ko‘p bo‘lushi kerak. Ezilgan, jabr va zulm ostida ingragan xalqning ko‘ngul ochishga, xursand bo‘lushga, o‘ynash, kulush va yayrashga bo‘lgan tabiiy va kuchlik mayli, ruhoniy jandarmalarining sun’iy to‘squnliqlarini yemirib o‘tgan ana o‘sha kuchli mayl, ana o‘sha katta talab o‘ziga yarasha katta ustozlar yetishtirgan. Folklor adabiyotini yaxshigina tekshirayotgan ilmiy markazlarimiz u adabiyotning mana shu muhum qismig‘a ham keragincha ahamiyat bersalar, ko‘p qimmat narsalar qazib chiqarilajaq, bir qancha kulki xazinalariga ega bo‘lajaqmiz. Burun o‘tgan ulkan qiziqlarni, shu topda hayot bo‘lub, keng ommani kuldirib kelgan katta va kichik qiziqlarni bir oz so‘rashtirdim. Xudoyor davrining mashhur qiziqlaridan bo‘lgan Normat «og‘zi katta» bilan Abdulazizdan narisini hech kim bilmaydi. Ulardan keyin hozirgi Yusufjon aka (Marg‘ilon)ning ustozi bo‘lgan Matxoliq qiziq keladi, uning to‘g‘risida Yusufjon akadan ma’lumot olish mumkun. Balki, Yusufjon undan naridagilar to‘g‘risida ham ma’lumot bera olar. Har holda, bitta-yarimta manbalarning borligini g‘animat bilib, biron narsa olib qolish kerak edi. Bu ham ilmiy tekshirish muassasalarimiz bo‘yniga tushaturg‘an vazifa. Matxoliq qiziqni Farg‘onada eshitib bilganlar ko‘p. Bu odam o‘lar holatida ham qiziqchilig‘ini qo‘ymag‘an. Bu to‘g‘rida mana bunday bir latifa naql etadilar: Matxoliq qiziq o‘lim to‘shagida yotadi: ahvoli og‘ir; nafasdan nafasga uning uzulishini kutadilar. Shunda Yusufjon boshlaydi: – Usta, shunaqa qilib safarga bel bog‘ladingiz, shekilli. U dunyoni ko‘p uzoq deydilar, charchamasdan, qiynalmasdang‘ina yetib oling-da, ishqilib… Salomat borib olsangiz bizdan ilgari ketganlarga – Normat «og‘zi katta», Abdulaziz qiziqlarg‘a salom aytib qo‘yasiz-da… – Ha, salomingni ham aytaman. «Hech esi kirmadi shu Yusufning, nafasi borgan sari muzlaydi», – deb jindek maxtovingni ham qilib beraman. – U dunyoda ham odam serob deydi. Ma’rakalarda so‘z qilib u yerlardagilarni ham kuldurib turarsiz? – Ha, ma’rakani bor-yo‘g‘i o‘sha yerda quramiz-da! – U yerning odamlari bu yerlarnikidan saxiyroq deydi. Ishlaringiz taraqlab, qo‘lingizg‘a ko‘p-ko‘p pul tushsa, bizga ham oz-oz uzatib turasiz-da! – Ha, albatta, qo‘yamanmi? Bozor chaqqon bo‘lub ketsa, bir enlik xat yozib o‘zingni ham oldirib ketaman! O‘layotib ham qiziqchilig‘ini qo‘ymag‘an bu odamlarning tirik vaqtlarida ko‘pchilikning ruhiy ahvoliga qanday ta’sir ijro qilg‘anlari o‘z-o‘zidan ko‘runib turadi. Yusufjon hali hayot. Bugun Rishton rayonida ishlab turadi. Uni butun Farg‘onada bilmagan odam yo‘q. Toshkent, Samarqand, Buxoroda ham uning shuhrati bor. Qiziqchilig‘idan tashqari hamma kuylarimizni yaxshi bilgan, kuylarimizning cholg‘u qismidag‘i usul (zarb)lar xususida va ham milliy raqsda ustoz sanalgan bu odam o‘zining eski repertuari bilan kolxozchi ommani hali ham kuldurib keladi. Uning bosmachilar, ularning katta-katta qo‘rboshilari, shaharma-shahar qatnayturg‘an savdogarlari to‘g‘risidag‘i latifalari hali ham tildan-tilga o‘tib yuradi. Yusufjon akaning hayotida undan foydalanish (qiziqliq tarixiga oid materiallar olish, raqs va cholg‘u usullarini o‘rganish, yozib qolish) kerak edi. Qo‘qonda mashhur askiyachilar (Yunus va boshqalar), Komil qori degan bir qiziq, uning yonida yana sheriklari bor. (Burunroq o‘tganlar Normat va Shamatlar.) Marg‘ilonda Yusufjon akadan tashqari Mamajon maxsum, Sulaymon qori, Usmon qori degan qiziqlar, Jalil bo‘qoq, Mamajon qovoq, Mamat bobo degan askiyachilar bor. An(di)janda Orif garmonchi bilan uning sheriklari. Xorazmda burun o‘tganlardan Bolta qiziq, Bobo to‘q-to‘q, hozirgilardan Yusuf va Qurbonboy shallamalar, Avaz bobo. Bu so‘nggisi hozir shuhrat chiqarg‘an qiziqlardan. Namanganda Mirzarahim surbet degan bir duradgor ko‘p majlislarni obod qilib yuradi. Toshkentda Karim qiziqni bilmagan kim bor? Uning ancha boy repertuari bor. Bu odam rus klounlaridan eng mashhurlarini ko‘rgan, bir qadar ularning ta’siriga tushgan. Uning birinchi daf’a maydonga chiqishi 1905 – 1906 yillarda, 30 yildan beri tsirk olamida ishlaydi. Yolg‘iz qiziqchi emas, yaxshi muallaqchi, ot o‘ynatuvchi (uning xotini o‘ziga partner bo‘lub o‘ynaydi). Burunroq Toshkentda Abdulla fonuschi, Said Ahmad askiya, Said Ahmad dukkibosh, G‘ozibek deganlar bor edi. Bulardan ba’zilari butun O‘zbekistonga tanilgan kishilar. Bu askiyachilarning piri (ustozi) Askiyabiy degan odam, uning doimiy sherigi Ismat askiya, bular bir-birlariga nazm yo‘li bilan tegishardilar. Askiyachilik bir vaqtlar juda avj olgan san’at edi. Bu kungi Tekstilkombinatning bozorchasi bo‘lub turgan joy ilgari «Askiya» deyilardi. Aka Buxoriy degan bir qiziq qanchadan beri Ikromov parkida xalqni kuldirib keladi. Respublika kolxozlarida qancha qiziq, askiyachi, payrovchi, chanduvchi yigitlar bor. Shular hammasi san’at ishiga rahbarlik qilaturg‘an idoralarning diqqat va e’tiborlaridan yiroqda, o‘z boshlariga xalqni kuldurib keladilar. Keng omma tsirkni yaxshi ko‘radi; tsirk qiziqlarini, umuman, qiziqlarning o‘yinlarini sevadi. Bizning san’at idoralari, tiyotr rahbarliklari, yozuvchi, shoir va boshqa san’atkorlarimiz esa shu choqqacha keng ommaning ehtiyojiga xizmat etaturg‘an qiziqliq san’atini hech bir qaramay, u muhum san’atni pisand qilmay, nazarlariga ilmay keldilar. Qiziqlarimizning hammasida ko‘rulgan repertuar qahatchilig‘i, daqqi Yunusdan qolg‘an qiziqliqlarning hadeb qaytarila berishi, qiziqlik repertuariga mazmunlar kirmasligi – yolg‘iz qiziqlarning aybimi? Masala faqat tekshirish va tarixga material olish ustida emas, bizda kundan-kun gullab kelayotgan, har yerda maxtalgan, o‘zini ko‘rsatgan, Shekspir asarlarini qo‘yush darajasiga erishgan tiyotr bor. Uning ozig‘i faqat klassiq va zamona asarlaridan, tarjumalardan iborat bo‘lub qolsa, to‘g‘ri kelmas. Qozoq tiyotrining katta muvaffaqiyati, undan avval Ukraina kollektivi qozong‘an g‘alabaning asosi xalq ijodiga suyanganida edi, achchig‘ bo‘lsa ham haqiqat shundaki, biz bu jihatga tiyotr ishlarimizda hozirgacha ko‘p ahamiyat bermadik. Xalq qiziqlarini o‘rganish tiyotrimizning komediyachilik tomoni uchun katta oziq beradi. Buni kech bo‘lsa ham iqror qilib, shunga yarasha tadbirlar ko‘raylik. «Hamza»ning ilmiy laboratoriyasiga bironta qiziqning qadam qo‘yg‘ani ma’lummi? Biz bilmaymiz. Qiziqlar hozir kulushga va yayrashga erishgan xalq uchun yanada kerakli kishilar. Ularni, ularning asarlarini, ularning ommaviy va yangi ijodlarini yolg‘iz sayillar, to‘ylar va ochiq maydonlardagina emas, o‘pera, dram, komediya sahnalarinda ham ko‘rmak istaymiz. Qofqoziyaga ketgan Farg‘ona hay’atidan El qurultoyi ila shahar idoralari saylovi yaqin, balki, shahar idoralari saylovi bo‘lub yotadur. Baxtimiz, taqdirimiz, yozish-yozmishimiz, qartaga qo‘yuladur. Boyutub, dunyoda tinch va har yashayish uchun asoslar qurarmiz, yoyutulub dunyoda yana ilgarigiday siqilub, ezilishga mahkum bo‘lurmiz. Munday bir zamonda so‘ngg‘isidan qutulush uchun har tarafda tarqalgan “turk”larning, “Turon” bolalarining birlashishlari lozim. Shuning uchun Qofqozda bizdan, Turkistonda Qofqozdan, Vo‘lg‘a bo‘yidan bizda, bizdan Vo‘lg‘a bo‘yinda hay’atlar, vakillar bo‘lushga kerak. Boshqa taraflarda kelarga hozir vaqt nomunosibdur. Bizlar “Farg‘ona hay’ati” (balki Turkiston” bu xatni poyezdning lip-lip qimillashini, toq-toq taqillashi orasida yozamiz. Bizki Qofqozga ketamiz. Ul yerdagi turk qarindoshlarga, Turkiston turkining issiq salomini olub boramiz, o‘z ahvolimizni ularga bayon qilub, yordamchi yoshlardan, ishlangan kishilardan chaqiramiz, ularning tilaklarini tekshirub bilub, o‘z vatandoshlarimizga bayon qilurmiz, har bo‘lsa ham birlashdiramiz, maqsad – birlashishlik, turklik! Vatandoshlar! Vakillaringizga muvaffaqiyat tilangizlar, moddiy va ma’naviy yordam beringlar! Xayr birodarlar, biz ketdik. Xayrlik safar! Hay’at a’zolarindan: Qoqilg‘ang‘a javob “Qizil O‘zbekiston”ning o‘tgan sonlaridan birida gazetaning Maskov muxbiri o‘rtoq Oxunbobo o‘g‘lining Maskov sayohatidan yozib turib bu yerdagi o‘zbek dramstudiyasiga picha qoqilib o‘tgan. Albatta, yo‘l bilgan kishi, orqa-oldinga qarab qadam bosgan kishi qoqilmaydi. Muxbir o‘rtoq tiyotr san’ati ko‘chasidan g‘ofil bo‘lsa kerakkim, kulgu bulg‘unday yomon va xunuk qoqilibdir. Balki, u ko‘chadan o‘tgandir-da, lekin o‘t-arava yoki yaxshi otli izvosh bilan… Shuning uchun piyoda o‘tilmakchi bo‘linganda qoqilib ketilgandir. Mayli, hech bokiysi yo‘q. Istudiyaning mana bu qisqa “Spravka”larini xotirg‘a olib qo‘ysalar bo‘ladi: 1. Muxbir o‘rtoq o‘ltirgan kechada “Yorqinoy” pyesasidan ikki pardasi qo‘yilgan edi. Undan ilgari O‘zbekistonning turli shaharlarida suflyorsiz yetti marta qo‘yilib o‘tgan bir asarning o‘ynag‘uvchilari ro‘lni yod bilmaydi emas, biladi, faqat nima uchundir muxbirning ko‘ziga shunday ko‘rinib ketgan. Maskov bilim yurtining sahnasi ko‘p tor bo‘lub, o‘yinchilar sahnaning oldiga (suflyor joyiga) yaqin kelib o‘ynashga majbur edilar. Balki, shu sababdan muxbir o‘rtoq gumonga tushgandir. Yo‘qsa, o‘sha sahnada suflyor joyi yo‘q edi. 2. Siddiq hoji o‘zini allakim deb hech kimga tanitgani yo‘q. U istudiyaning bir talabasi. Ko‘pning talabi bo‘yicha chiqib “Mushtum”dan olingan ba’zi narsalarni o‘qib beradi. O‘sha kecha ham ko‘p kishilar (mas’ul ishchilar) xususiy suratda so‘radilar. Hatto o‘rtoq Oxunbobo o‘g‘li ham olqishlaguchilar orasida edi. “Tochka” masalasi ma’luf bir kayf (nastroyeniye)ni anglatish uchun qo‘llanilgan narsadir. Uning yomonligi to‘g‘risida shu choqqacha shu qadar talabalardan bir og‘iz gap eshitilmadi. Holbuki, tomoshachilar, siz aytganday, yosh bolalar emas, turli yuqori bilim yurtlarida o‘quvchi ongli talabalarimiz edilar. Umuman, konsert qismida istudiyaning kamchiligi ko‘p bo‘lsa mumkin, chunki u dram tiyotridir. Ashula, o‘yin va yalla maktabi emas. Sizdak azizlarni xursand qilmoq uchun qo‘lidan kelgancha har doiraga kirib ketar ekan, bu qadar qattiq va mag‘rurlarcha qalam yurgizish, har holda, yaxshi fazilat emasdir. Mahbubaxon to‘g‘risidagi xushomad (kompliment)ga biz jon deb qo‘shilamiz. Qo‘qon shahar sho‘rosiga kimlar saylandi Qo‘qon shahar sho‘rosiga ko‘broq firqa a’zolari saylandilar. Bu kunga dovur kasaba ittifoqlari tarafidan quyidag‘icha vakillar saylandi: Temir yo‘l ishchilaridan: 20 ta firqa a’zosi, 6 ta firqasiz – 26 vakil. Sho‘ro ishchilaridan: 6 ta firqa a’zosi, 3 ta firqasiz – 9 vakil. Tibbiy ishlar xizmatchilaridan: 3 ta firqa a’zosi, 2 ta firqasiz – 5 vakil. Notavon (invalid)lardan: 2 t firqa a’zosi. Hukumat tegirmoni ishchilaridan: 1 ta firqa a’zosi. Maorif ishchilaridan: 3 ta firqa a’zosi. Hamma saylangan 46 vakildan 35 tasi firqa a’zolaridir. Qulluq qilamiz Mart oyining 18-19 larida biz bir necha kishi Buxorodan Toshkentga qarab yo‘lga chiqdik. Bizning bu safarimiz quruq bir “komandirovka” “safar savdogarligi” uchun emas edi. Biz bu safarda Turkiston jumhuriyati o‘zbeklarining ikkinchi Madaniyat va maorif qurultoyiga kelib tura edik. Buxoro bilan Toshkent orasida yuraturg‘an Nozirlar Sho‘rosining xizmat vagoni bo‘lmaganidan va qurultoyning ochilishiga ikki kungina qolganligidan biz shoshib yo‘lga chiqqan edik. Maskovdagi Butun Rossiya pirqa qurultoyiga 4-5 kishidan iborat vakillar eltguvchi bir vagondan o‘rin olishimizga ishonib, Kogonga chiqdik. Kogonda qat’iy aytdilar-ki, vagonda joy yo‘qdir. Shundan keyin bizdan uch kishi Buxoroga qaytib ketdi. Ikkimiz esa qanday bo‘lsa-da ketmakchi bo‘lib harakat eta boshladik. Bir ozdan so‘ng bizga shul vakillar yo‘lagidan joy berildi. Bir kecha yo‘lakda va tomda qo‘ndiq. Holbuki, ertasi kuni anglaganimizga ko‘ra ichkarida bo‘sh joylar ko‘p va delegatlardan boshqa “komandirovkaliklar” ham ko‘p edilar. So‘ngra Qorovulov va Rashid Validiy o‘rtoqlarning bir oz yordamlari orqasida o‘rinlashib keldik. Lekin, shu safarda biz Buxoro bolsheviklar pirqasi Markaziy komiteti a’zosi o‘rtoq Rubenshteyndan shu qadar qo‘pol, tor millatchilik isi kelaturg‘an buzuq muomala ko‘rdiqkim, bir umr esimizdan chiqmas! O‘zi bilgan, tanigan va tanimagan ovrupoliklarni “pojalista” (marhamat) bilan qarshi olib, joy bergani holda bizni vagondan quvlash uchun bor kuchi bilan tirishdi. Yolg‘iz Qorovulov, Validiy kabi bir ikki o‘rtoqlaring yordami orqasida salomat keldik. Buning uchun Qorovulov, Validiy o‘rtoqlarga qulluq qilamiz va o‘rtoq Rubenshteynga esa: o‘rtoq “baynalmilalchilik”ni miting nutqlarida emas, ishda, amalda ko‘rsatishga tirishingiz, Sharq mazlumlarining do‘sti bo‘lgan, mehnatkash beva-bechoraning terisiga kirib olib ikki mazlumning orasini buzaturg‘an ishlardan saqlaningiz, deymiz. “Buxoro axbori” gazetasining sobiq muharriri Abdulhamid Sulaymon; “Qizil bayroq” gazetasining mas’ul mudiri Gʻozi Yunus. “Qizil bayroq” – temiryo‘llarda xizmatda yurgan ongsiz, qora ovrupolilarning bunday ishlari ruschadan xabarsiz yerlik qora xalqlar ustida javlon etadir, deb xafa bo‘lmasak ham bo‘lar ekan, chunki, BKP MKning a’zolaridan ovrupolik o‘rtoq Rubenshteynning bunday ishini hukumat ishchilaridan bir oz xabardorlarining ustida ko‘rildi. Gazeta muharriri A.Ikromov gazetaga mazkur xabarni joyladi va ayni paytda temir yo‘l rahbariyatiga murojaat etadi. “Yorliq” nomli maxsus tekst tayyorlab hamma temir yo‘l shahobchalariga ilib qo‘yishga chaqiradi va temir yo‘l ma’murlariga aholiga nisbatan kamsituvchi hatti-harakatlarga nisbatan qat’iy kurash olib borilishi aytildi. Quturg‘an mustamlakachilar Qurshob O‘sh bilan O‘zgant orasida, mashhur O‘ttiz adirning yonida, Qurshob degan qishloq bor. Uning nomi hali ham rasman Pokrovskiy deb ruscha atalib keladur. Undagi fuqaro tamoman ko‘chkunchi (muhojir) o‘ruslar bo‘lub, bular o‘zlarining istakli otalari va homiylari bo‘lg‘an Nekalay podshohning davrida shu munbit tuproqqa kelib joylashkanlar. Bechora qirg‘izlarning eng unumlik joylarini qozoq o‘ruslarning zaharlik qamchisi orqasida tortib olib, ularning o‘zlarini «to‘rt tarafing qibla» deb haydab yuborg‘andan keyin tez orada shu qadar boy bo‘lub ketgan edilarkim, ularning bu «harom davlatlari» to‘g‘risida o‘sha vaqtdag‘i turk-tatar gazetalari ham ko‘b narsa yozg‘an edilar. Yerning, tuproqning asl egasi, xo‘jayini bo‘lg‘an bechora qirg‘izlarning ko‘bi o‘sha vaqtdayoq bu «betakalluf mehmonlar»g‘a xizmatkorlikka yollang‘an edi: har bir uyi bor muhojirning eng kami 1-2 ta qirg‘iz xizmatkori bo‘lg‘uchi edi. Qurshob qishlog‘ining o‘zi ham oz fursatda juda obod bo‘lub ketib, bir shahar rangiga kirgan. Rusiyadan kelganda ikki oyoq, ikki qo‘llaridan boshqa narsalari bo‘lmag‘an muhojirlar g‘alati imoratlar, boy xo‘jaliqlarg‘a ega bo‘lg‘anlar edi. O‘ktyabr inqilobining avvalgi 2-3 yilida bularning tarixlari butun nomussizliq, xiyonat, jinoyat va zulmlar bilan to‘ladur. Bular inqilobning boshlarida sho‘rolar hukumatiga qat’iyan ishonmay tursalar ham, keyincha qizil qo‘shun qatorig‘a kirib olib yerlik xalqning qishloq va shaharlarini talon-toroj qilib yurdilar. Bir vaqt ozuq siyosatida sho‘rolar hukumati tomonidan razverstka va monopoliya usullari ushlangach, mashhur Madaminbekga qo‘shulub Andijon shahrini muhosara qildilar. Er islohoti vaqtida bularning bir qadar adablari berilgan bo‘lsa-da, inqilobkacha ular tarafidai qirg‘iz xalqig‘a berilgan «adablar»ga nisbatan hech narsa emasdur. Eng kerakli bir ish O‘tgan yil o‘sha atrof qirg‘izlarining mo‘tabarlaridan bir nechtasi O‘sh shahar va atrof qizil militsiyasining boshlig‘i Qorabekov o‘rtoqning targ‘ib va tashviqi orqasida qirg‘iz xalqi orasig‘a bilim-maorif tarqatish ishiga jiddiyat bilan kirishdilar. Qirg‘iz xalqi orasida boshlang‘ich maktablar ochib, u maktablarni ko‘chmanchi xalqning maishat usullariga to‘g‘rilab olib borish va buning uchun-da o‘sha xalqning o‘zidan muallimlar yetishdirish haligi maqsad yo‘lidagi eng keraklik bir chora edi. Shu chorani amalga tatbiq qilmoq uchun bir ta’lim-tarbiya Qursig‘a ehtiyoj ko‘rulib, u Qurs o‘tgan 1923 yil mazkur Qurshob qishlog‘ida ochildi. 6 oylik qilib ochilg‘an bu ta’lim-tarbiya Qursining butun ta’minoti yerlik xalq – qirg‘iz xalqining bo‘ynida edi. Andijondan 3 ta muqtadir muallim ham chaqirildi. O‘qushlar ham boshlandi, ish ham yaxshi, sevinchlik bir yo‘lga tushdi. Mustamlakachilar quturdilar Bu ish, bu yaxshi tashabbus Nekalayning haqiqiy o‘g‘ullarig‘a, Qurshobdag‘i o‘rus mustamlakachilariga yomon ta’sir qildi. Nimaga desangiz, ular qirg‘iz xalqining ma’rifatlik, bilimlik bo‘lub, dunyoda odam qatori yashashka istihqoq kasb etishini sira istamaslar edi. Ular ko‘z oldilarida qirg‘iz xalqining yuksalib yotkanig‘a, yosh-yosh qirg‘iz bolalarining bilim olib, dunyoni tanib, yangi hayot maydoniga zavq bilan kirib borishlarig‘a chiday olmadilar. U yerda, u qishloqda aksariyatni o‘zlari tashkil qilg‘anliklari uchun va ham eskidan kelgan «xo‘jayinlik»larining ta’siri bilan Qursg‘a erkin-erkin hujum qilishg‘a boshladilar. Har bir yo‘l, har qanday harakat bilan shu Qursga ozmi-ko‘bmi zarar berishga, bir daraja tahqir qilishg‘a kirishdilar, qursning talabalari, muallimlari, ishqilib, shu Qurschilar chiqqan vaqtlarida: «Tfuu, sart!» – degan tahqirlarg‘a juda ko‘b uchrarlar edi. Bu narsa odat bo‘lub ketdi, bunga qurschilarning o‘zlari ham ahamiyat bermadilar. Lokin Qurshob mustamlakachilarining haddan oshib ketkan hujum taarruzlari borkim, bularga Qurschilarg‘ina emas, butun hukumat ahamiyat bilan qarashga tegish. Shuning uchun shu haddan oshkan, ortiqcha hujumlardan 3 tasini shu yerda yozib o‘taman. Ayniqsa, shu ortiqcha, jinoyatlik hujumlarga bir firqa a’zosining aralashib qo‘yushi, munga qarshi na firqa va na sho‘ro mahkamalarining mahalda hech bir chora ko‘rmasliklari yuqori firqa va sho‘ro mahkamalarining ham diqqatlarini jalb etishga tegish. Odam ustida ot o‘ynatish 28 yanvarda kunduzi Qurshob ko‘chasida bir mast muhojir ot chopib kela boshlag‘an. Shu vaqtda bir muallim o‘rtoqning biri 5 yashar, yana biri undan kichik ikki o‘g‘li ko‘chada o‘ynab yurgan ekan. Mast muhojir katta bolaning ustidan ot irg‘ishlatib o‘tmakchi bo‘lub bolaning ustiga ot solg‘an. Barakat bersunkim, bola ot ostida qolub ketmasdan, otning yonboshig‘a to‘g‘ri kelib qolg‘an ekan, ot urib ketib, bir hafta kasal yotub, zo‘rg‘a tuzalgan. Bu bolaning ustida ot o‘ynata olmagach mast muhojir kichkina bolaning ustidan o‘tmakchi bo‘lub ot soldirg‘an. Lekin bunisi qochib qutulg‘an. Bu to‘g‘rida ham ul ijroqo‘m raisiga og‘zaki arz qiling‘an, rais o‘rtoq: «Ana u qildim, mana bu qildim», – deb maqtang‘an bo‘lsa-da, haqiqatda haligi mastga qarshi hech narsa qilg‘an emas. Musht bilan hujum Qurs ochilg‘andan bir oy keyin Qursning xo‘jalik mudirini kechasi ko‘chada tutub olub urg‘anlar. Bu safargi musht hujumchilari orasida haligi o‘rtoq Kirilovning firqasiz ukalari ham bor. Moliya mudiri shu hujumning natijasida qattig‘ kasal bo‘lg‘an, do‘qto‘rg‘a ko‘rsatilgan, do‘qto‘rdan shahodatnoma oling‘an. Do‘qto‘rning shahodatnomasi bilan birga bir ariza yozilib, Qurshobka ish bilan kelgan vaqtlarida muzofot firqaqo‘mining rayosat a’zosi o‘rtoq Mirzohid Oqil bilan O‘sh shahar va uyezd ijroqo‘m boshlig‘i o‘rtoq To‘raqul o‘g‘illarig‘a berilgan. To‘raqul o‘g‘lining buyrug‘i bilan haligi urg‘anlarni qamag‘an bo‘lsalar-da, u ketgach, yana darhol chiqarg‘anlar… Mustamlakachilar va mahalliy hukumat Qurshobda har uyda desak mumkin, kishmishovka mashinasi bor va ichkilik, mastlik, ko‘chalarda mastlik bilan to‘palang qilish ishlari rivojda. Munga qarshi mahalliy hukumat hech narsa qilmaydur. Erlik xalqning eng muqaddas bir bilim muassasasiga qarshi qora kuch bilan hujum qilayotg‘an Kirilov va sheriklariga qarshi ham mahalliy ijroqo‘m jiddiy bir chora ko‘rub, qirg‘iz xalqining shu ko‘z qarashini qora guruh (chernosotenstvo) mustamlakachilardan saqlashka tirishmaydur. Bilmaymiz, buning sababi nima bo‘lsa? Qo‘rqamizkim, haligi musallas qurg‘urning bu ishlarga ham katta ta’siri bo‘lmag‘ay (bo‘lmasa) deb. Har holda, bu mustamlakachilar mustamlakachilik harom sanalg‘an mamlakatda tezrak yo‘q qilinishka tegish. Rahmatulloh Sultonov O‘ktabrning 18 nchi kuni 10 larda Eski Toshkent og‘riqxonasida o‘shlik talabalardan Rahmatulloh Sultonov vafot qilib, ertasi kuni g‘ariblar mazorig‘a dafn etildi. Gʻariblar mazori – hukumat tomonidan musofir g‘ariblar mazori uchun ayrib qo‘yilg‘an bir parcha yerdir. Ul yerdagi bir muncha g‘arib – musofirlar yonig‘a do‘stim Rahmatulloh ham qo‘yildi, ketdi… Ul-da g‘arib – musofir bo‘ldi, g‘ariblar musofirlar qatorig‘a kirdi… Na qiziq tasodif! O‘zi bir vaqt menga: “Menim uchun Turkistonning har yeri vatandir!” degan edi; biroq, yash bo‘lg‘anliqdan hali “butun dunyo – hamma yer bari menim vatanim” deya olg‘ani yo‘q edi. Shunday e’tiqodlik bir ruh g‘ariblar – musofirlar mazoriga ko‘mildi. Uning tug‘ilg‘an yeri poyiz va otliq bo‘lib 3-4 kunli yo‘ldir. Biroq, ul musofir bo‘ldi… Marhum asl Farg‘ona viloyati O‘sh shaharidan bo‘lib, ilm suyganligi ila meni va menim bilan birga ko‘plarni hayratda qoldirg‘an edi. Eski uyaz vaqtida men uni O‘sh yerli-rus maktabining ham kunduzgi va ham kechki darslariga juda tirisha-tirisha yurgan vaqtida tanig‘an edim. Kerenskiy vaqtida va eski idoraning so‘ng nafaslarida Andijon shahar rushdiyasi (Городское училище)da o‘qur edi. 19 nchi yilda unga Turk (ul vaqtda Turk edi!) bilim yurti talabasi edi. Mundan 4-5 oy burun uni Andijonda “Vatan qahramonlari” degan bir pyesa o‘ynalg‘anda yash, botir qizil zobit ro‘lida ko‘rgan edim. Ul ro‘lni ul haddan tashqari yaxshi o‘ynag‘an edi. 2 oylar burun uni munda uchratdim. Ul bu yerga o‘qumoq uchun kelgan bo‘lsa kerak, lokin men uni bu ko‘ruvda ortiq qo‘rqg‘an edim: chunki ul sil (choxirtka)ga chalingan edi… Shul dard uni “g‘ariblar mozorig‘a” sudrab ketdi. Shuning bilan O‘sh xalqi: umidlik bir muallim, g‘ayratli bir talabalaridan, Turkiston sahnasi usta bir oqtyo‘ridan ayrildi; men bo‘lsa qadrlik bir do‘stimni yo‘qotdim. 17-18 yoshlik bir do‘stlarini yo‘qotqan yash talabalar, ko‘nglingiz tinch bo‘lsun! Uning orqasidan tag‘in minglab yetishar; amal degan narsa ko‘b, o‘limlar bilan kela. Muning uchun ko‘p qayg‘iruvg‘a yaramaydir. Yetim qolg‘an ota-onag‘a tasalli, uning o‘ziga tinch turmish, yengil tuproq tilayman. Rizo Tavfiqbek Rizo Tavfiqbekni tanimag‘on qaysi turk qavmi bor? Jahon urushidan burun turk matbuotini ta’qib qilg‘onlar, uning to‘g‘risida juda ko‘p narsalarga yo‘liqarlar edi. Uning oshiq tarzida hijo vaznida yozg‘on tasavvuf hidli she’rlari ba’zi bir tanqidlari, falsafiy asarlari uning o‘zini har yerda, har kimga yaxshi tanitqon edi. Jahon urushidan beri yana ko‘b narsasi chiqqondur. Lekin, biz, mashhur shoir Abdulhaq Hamid to‘g‘risida yozilg‘on «Hamidnoma» otliq tanqid kitobi bilan, so‘ni zamon sodda adabiyotchilarining 8 kitobdan iborat she’r; majmualarida qisqa-qisqa, lekin ma’nolik bir-ikki she’rlaridan boshqa narsasini ko‘ra olmadiq. 50—60 jildlik (yoki juzlik) «Qomus falsafa» yozg‘on emish degan rivoyatlar eshitildi, u to‘g‘risida ham aniq bir xabarga yo‘luqmadiq. Shunday qilib, Turkiyada bu kishi ko‘b katta hurmat qozong‘on edi. Adabiyot olamida uning e’tibori juda zo‘r edi. Bir vaqtlar, bir ish to‘g‘risida qamoqqa olinib, qamoqxonadan so‘roqxonaga kelturilar choqda aholining qo‘llari ustida ko‘tarilib kelturilgan; qamoqxonadagi hujrasi bir ziyofat dasturxoniga aylangan. So‘zning qisqasi, jahon urushining so‘nggigacha uning shuhrati, hurmati va e’tibori katta edi. Inqilob — g‘oyat kuchlik bir omil ekan. Qanday zo‘r shuhratlar yerlarda sudralmadi? Bechora Rizo Tavfiq ham shunday shuhratlarning biri bo‘ldi. Turkiyaning yangi shoirlaridan eng kuchligi bo‘lg‘on Yahyo Kamolbek bilan Istanbul dorilfununining fors (eron) adabiyoti mudarrisi Husayn Donishbek orasida milliyat janjali boshlanib ketgandan so‘ng, Eron milliyatparvari bo‘lg‘on Husayn Donish tarafidan Rizo Tavfiq ham turk milliyatparvari bo‘lg‘on Yahyo Qamolga qarshi chiqdi. Da’vosini isbot qilish uchun, bu muqtadir faylasuf mashhur Fuzuliy Bag‘dodiy to‘g‘risida dorilfunun sahnida bir leksiya o‘qub, Fuzuliyni turk emas, eronli (fors) qilib chiqardi. Fuzuliyning asarlarini Eronning mashhur bir shoiridan olg‘onlig‘ini da’vo qildi. Mana shu kundan tortib Rizo Tavfiqning shuhratda, hurmatda pastlashi boshlanadi. Jahon urushi tugagandan keyin Fransiyaning Sevr shahrida mag‘lub Turkiya uchun bir muohada hozirlandikim, u muohadani Turkiya matbuoti «Turk mnllati uchun o‘lum muohadasi» deb, juda to‘g‘ri aytgan edi. Shul xo‘rlag‘uchi muohadagi imzo qilaturg‘on badbaxtlar Turkiyada tezgina topilmadi. Har kim, shu razil vazifani bo‘yniga olmoqdan bosh tortar edi. Shu vaqtda o‘sha kunlarning a’yon-a’zosi bo‘lg‘on Rizo Tavfiq maydonga otilib chiqdi va indamasdan borib muohadaga qo‘l qo‘yib keldi. Shu hodisani fransuzlarning bir gazeti juda kulgi qilib yozg‘on edi. Bu ish bechora faylasufning e’tiborini tamom tushurdi. Istanbulga Mustafo Qamolning g‘olib o‘rdulari kirgandan so‘ng shu masalalar yana bir daf’a qo‘zg‘alib, turk matbuotida faylasuf haqida ko‘b qattig‘ narsalar aytilib o‘tdi. Bir vaqtlar, dorilfunun talabalari uni mudarrisligidan haydadilar. Yaqinda oling‘on bir xabarga qarag‘onda, bu bechora faylasuf dorilfunundan chiqkondan so‘ng bo‘lsa kerak, Istanbuldagi Amriqo qo‘llejiga (qulliyasiga) kirib, talabalarning g‘alvasi orqasida undan ham ketmakka majbur bo‘lg‘on ekan. Undan chiqqach Zung‘uldoq degan joyga borib u yerdagi bir qo‘llejda turk tili va adabiyoti darslarini bera boshlagon ekan u qo‘llejning talabalari ham uni haydashga uruna boshlag‘onlar. Shunday qilib, Turkiyaning adabiyot va ilm olmidagi eng katta bir kishisi, zamonning qizig‘on qonli yoshlari bilan chiqisha olmasdan, keng fikrini miya hurjuniga solib, sayoqlik-darbadarlik ko‘chasiga kirib qolg‘on… Ro‘yxat chatoqliqlari Ro‘yxat vaqtlarida ham juda ko‘b beparvoliqlar bo‘lub, shularning chatoq natijalari to‘plash chog‘ida ko‘ruldi. Ro‘yxatchilarning ko‘pi o‘sha ro‘yxat qilinaturg‘an rayo‘nlarning yerlik xalqlaridan bo‘lsa, tabiiy albatta yengil bo‘lur va bukungi chatoqliqlarg‘a yo‘l qolmas edi. Lekin, ish tamom muning teskarisicha bo‘lg‘an. Ro‘yxatchilar orasida tajribasiz til bilmas yigitlar ko‘b bo‘lg‘anlar: oralarida chala xat yozaturg‘anlari ham bo‘lg‘an. Masalan: ro‘yxatchilar tomonidan ruscha 4 deb yozilg‘an raqamlarni moliya shoʻbasida 7 deb o‘qug‘anlar. 4 bilan 7 orasida 3 pud farq bor. Dehqon uchun bu 3 pud ham oz emas. Ruhimiz o‘lmasun So‘ngg‘i vaqtlarda matbuotimiz maorif masalalaridan ko‘pgina bahs qilmoqqa boshladi. Ta’minot to‘g‘risidan ko‘pincha xalqning o‘z bo‘ynig‘a yuklatilgan maktab va o‘qush ishlari ko‘p kuch va g‘ayrat sarf qilmoq bilangina istakka muvofiq yurub borsa mumkindir. Yo‘q esa, avvaldan kelgan qo‘ramaslik va e’tiborsizlig‘imizning davom eta berishi maorifimizni bo‘g‘ub o‘ldurgusidir. Maktablarni ta’min etmak vazifasi o‘z bo‘ynig‘a tushgan xalqimizning saviya fikriyasi, maktab va o‘qish-o‘qitish ishlariga nazari ma’lumdir. Mavlud munosabati bilan Toshkentda Mahkamai shar’ia tomonidan yasalg‘an ulug‘ namoyishda bu e’tiborsizlikni zararli samarasi juda ochiq ko‘ruldi. Bizni yashatishga emas, o‘ldirishga sudrayturg‘an eski maktab bolalari xorlik va maskanatni kuldirib turg‘an qonsiz chehralari bilan ola-bula to‘nlar kiyib Jome’ bilan Ko‘kaldosh sahnasiga to‘lg‘an choqlarida xalqning ko‘zi yoshlar bilan to‘ldi. Xalqning ko‘zlaridan to‘kilgan u yoshlar nodonlik va taassib orqasida kelgan behuda va shuning bilan birga samimiy yoshlardir. Bu manzara qarshisida butun umrini xalqning maorifi, yangi maktabi, taraqqiy va ta’limi uchun sarf etgan kishilar boshqa tushuncha va boshqa o‘ylar bilan yig‘iladilar. Birmuncha vaqtdan beri maorif ishlaridan chetda yurgan eski bir maorif xodimi o‘shal manzaradan olg‘an taassurotini juda achchig‘ qilib onglatdi. Uning maorif ishlaridan chetda yurishi uchun gunohni kimning bo‘ynig‘a qo‘ya olamiz? Har holda, mavlud kunidagi hazin manzaraga shu chekkalab yurishlarning xiyla ulug‘ ta’siri bordir. Hozir hukumat qaramog‘ida bo‘lg‘an maktablarning soni juda ozdir. Bo‘lg‘an qadarisini ham hukumat to‘la va yetarlik ravishda ta’min qila olmaydir. Yangi iqtisodiy siyosat (NEP) degan narsa bilan bu kun juda buzulib ketgan xalq ruhi mavlud kuni ko‘rganimiz kabi maskanat manbai bo‘lg‘an eski maktablarda bo‘lsa, ul maktablar bundan so‘ng, shubhasiz, kundan-kunga kuchayib borg‘usidirlar. Ularga qarshi kurashmak lozimdir. Faqat bu kurashni hech bir kuch bilan davom etdirib bo‘lmas. Buning uchun hukumat qaramog‘ida bo‘lg‘an maktab va internatlarni kuchaytirmak, to‘laytirmoq va har jihatdan mukammallashdirmak kerakdir. Buning ustiga, yana xalq hisobig‘a ham yangi usul maktablar ochdirib, ularni ham moddiy va ma’naviy yoqlardan mukammallashdirishga butun maorif va yoshlik kuchlarini zavq etdurmak kerakdir. Tarixning bizning uchun teskari bo‘lg‘an jarayoni natijasida kelib chiqqan shu hollarning aybini birimiz do‘lga va birimiz tegirmonga qo‘ymoq bilan faqat ahvolni og‘irlashdirgan bo‘lurmiz. Tegirmon tarafdorlari va do‘lni yoqlag‘uchilar uchun qo‘shmoq bir vazifa bor: bor qadar yangi maktablarni har jihatdan mukammallashdirib, eski maktab tahlikasiga qarshi kurashmak! Hozir shu maqsad bilan bolalar haftasi yasalmoqdadir. Do‘l deganlar-da, tegirmon deganlar-da ochiq maydonda o‘zlarini ko‘rsatsunlar. Rus tilini o‘rganishning foydasi haqida Dunyo bamisli yak rabot, dar on dudarast, Har ro‘z dar in saroy qavm digar ast. (Dunyo go‘yoki ikki eshikli rabot, Har kuni qavmlar o‘zgarib turadi.) Sa’diy Mana bu dunyo yaratilg‘andin bu zamong‘a qadar shulay bo‘lub keladi. Dunyada bo‘lg‘an har bir mamlakatning tarixina nazar qilsaq, ko‘ramizki, hurmatli Sa’diy janoblarining so‘zlari har birisining tillodin ortuqdur. Bu dunyoga birovlar ketub, aning o‘rnig‘a ikkinchisi kelub, bu dunyo shul ko‘pincha aylanib turadur. Muna bizning Turkiston viloyatimiz qancha martaba buzulub, qancha martaba tuzalib, Sa’diy janoblarining aytqani shekilli qancha kishilar keldi, qanchalari ketdi. Zamoni minan mashhur Iskandar Rumiy bizning Turkiston viloyatini olib bir podsholik yasag‘an edi. Ul vaqtda bizning bobolarimiz badaviy bir o‘rundin ikkinchi o‘rung‘a ko‘chub yurur edilar. Dunyodin hech jabri yo‘q qay jer (yer) o‘tlov bo‘lsa, shunda ko‘chib borub qimiz minan qatiqdin boshqani bilmas, o‘qush-o‘qutush nima ekanin o‘ylamasdi edilar. Iskandar Rumiy qo‘lindin kelgancha bizlarga ko‘b zulmlar qildi. Aning qo‘yg‘an hokimlari odatdin, qonundin tash ishlar ijro qilub nihoyasiz zulm kelturdi. Bizning har bir zotimiz minan foydalandi. Lekin bizg‘a uch pulluk foyda qilg‘ani yo‘q. Bizlarga na maktab va na madrasa bino qildi. Munday bizning dunyo oxirinda rohat bo‘luvimizg‘a sabab bo‘ladurgan ishni hech qilg‘an emasdur. Bizning mol-mulkimizni xuddi o‘zining vatani bo‘lgan Makedoniyag‘a tashidi. O‘z yurtin bizning ko‘chimiz minan boy qildi, g‘aniy etdi. Shuning uchun-da Iskandarning podsholig‘i yuz yildin ortuqqa bormasdin vayron bo‘ldi. Iskandarning podsholig‘i buzulub, vayron bo‘lg‘andin necha yuz yil keyin bizning Turkistonimizni arablar kelub oldilar. Bizlardek islomni qabul etduk. Shuning minan birga arab madaniyatin qabul qilub, qancha o‘runlarg‘a maktab, madrasalar solduq. Butun Turkiston ul vaqtlarda bir behisht shekilli bo‘ldi. Ul vaqtlar Buxoro, Samarqand butun dunyog‘a mashhur bo‘lub dunyoning har tarafidin sayyohlar, shogirdlar bizning mamlakatimizg‘a to‘lar edilar. Bizning Turkistonni bilmagan odam yer yuzinda qolmas edi. Bu vaqtimiz ko‘b o‘zmadi, Qitoy yog‘indin Chingizxon degan bir odam chiqub, bizning mamlakatimizni barbod qilub, ostin-ustinga kelturdi. Qancha begunoh bandalarni qo‘y shakilli qirub, masjid-madrasalarni xarob, vayron qildi. Bu odam-da Iskandar Rumiy shakilli bizga hech nima bermay, xarob etish, vayron qilishdin boshqa hech narsa ko‘rsatgani yo‘q. Bu odamning qilg‘an ishlari, buzg‘an binolari bu zamonda ko‘zimiz oldinda turubdi. Xudo o‘zining panohida saqlasun. Buning-da jafosidin qutqazdi. Chingizxon podsholig‘i buzuldi. Hama ish o‘zimizga qoldi. Mashhur Amir Temurimiz qancha mamlakatlarni fath qilub, yetti iqlimning to‘rtini olub, beshinchisi bo‘lg‘an Qitoy mamlakatiga borg‘an vaqtda yo‘lda vafot etdilar. Mundin so‘ng ishimiz bir oz yillar tuzuv bo‘lsa-da, keyin hech bir ishimiz o‘ngalmadi. Xonlarimiz bekorg‘a kishi qonin to‘kdi. Bir-birina yov bo‘lub, qancha qirilishlar, o‘lturishlar bo‘lub, hech bir yoruq kun bo‘lmadi. Bola onasin so‘ydi. Xotun erin zaharladi. Tunu kun xavf-xatarda bo‘lub, bir rohatlik bo‘lmadi. Bir ovul ikinchi ovulning molin talab, bir xalqning odami ikinchisining xotun-qizlarin o‘g‘urlab, fuqaro juda kambag‘al, nihoyasiz darajada xor edilar. Bizlarda hech rohatlik hech kasb, hech bir hunar bo‘lmas edi. Bor bilgan hunarimiz talov, yov-yov bo‘luv, urushuv edi. Bizning shunday rohatsiz kunlarimizda Xudo o‘zi bizni oqposhshoning fuqarosi qildi. Har yerda tinchliq, har yerda rohatlik butun Turkiston boyliq minan rohatlikka g‘arq bo‘ldi. Muna Iskandar ketdi – arablar keldi, arablar ketdi – Chingizxon keldi, nihoyat, bukun borimizda bir ittifoq minan oqpodshoning fuqarosi bo‘lduq. Xurmatli Sa’diy janoblarining har bir so‘zi haq ekan. Yuqorida men Iskandar va boshqalarning bizlarga hech bir nima bermaganin, balki bizdin qancha foydalansa-da, alardin jabr-zulmdin boshqani ko‘rmaganimizni yozg‘an edim. Bizlar emdi hozirgi kunimizga qarayiq. Bizning burung‘i musulmonobod vaqti minan hozirgi holimizni tekshurub qarasaq ko‘ramizki, ul vaqt minan hozirgi holimiz orasida jer minan ko‘k shakilli ayirma bor. Musulmonobod vaqtlarida bizning Toshkandimizni ba’zan Xo‘qand xonligi, ba’zan Buxoro, ba’zan Turkiston xonlig‘i kelub chopib olur edi. Ul vaqtlarda bizning qancha molimiz, qancha jonimiz halok bo‘lur edi. Tuni-kuni xavf-xatarda bo‘lub, shaharning qo‘rg‘onining tashina chiqub, joy qiluv aslo mumkin emas edi. Qo‘rg‘onning tashiga chiqding esa hozir kallangni chopub olishqa tayyor turuvchilar bor erdi. Hozirda ul vaqtlardag‘i qo‘rg‘on, ul vaqtlardag‘i xatar, tashvishlar qayda qoldi? Boylik tarafin o‘ylasaq, hozirda Xudo bizga shul qadar ne’mat berganga ul vaqtlarimizg‘a qarag‘anda birimiz o‘n hissa ortdi. Musulmonobod vaqtlarda nimamiz bor edi? Bir safar minan bir ot, bir omoch minan bir ho‘kuz, boshqa nima davlatimiz bor edi? Ul vaqtlarda gurunch botmoni uch-to‘rt so‘m bo‘lsa, hozirda ellik so‘m emasmu? Bug‘doy iki so‘m – bir so‘m bo‘lsa, hozirda yigirma so‘m emasmi? Hozirgi parovonchiliq daraxtzorlik musulmonobod vaqtlarda bittasi yo‘q edi. Burun Toshkand minan Piskand orasi to‘rt kunlik yo‘l edi. Hozirda ko‘b yurganda to‘rt soat boradilar. Musulmonobod vaqtda O‘runburg‘a yilda bir martaba borub kelsa ko‘b xursand bo‘lur edilar. Hozirda ikki kunda boruv mumkin bo‘ldi. Burun cho‘liston bo‘lgan jerlar obod bo‘ldi. Ariqsiz, suvsiz yotqan o‘runlarg‘a ariq qozilub, suv keltirdi. Bularni kim qildi? Xudoyorxonmi, Nasriddinxonmi, qaysilari qildilar? Muna bulardi o‘ylab qarasaq, ulamomiz bo‘lsun, avomimiz bo‘lsun xursand bo‘lub, oqpodshoning fuqarosi bo‘lg‘ang‘a Xudog‘a shukrlik qilurmiz. O‘qush tarafin qarasoq, albatta, burung‘i zamonimizg‘a qarag‘anda ko‘b tuzumimiz qancha maktablar ochildi. Qancha ishko‘llar solindi. Bolalarimiz har qayuvsida o‘quv-yozuv bilub, har ishga usta bo‘lub qoldilar. Bizni ruscha bilsunlar deb qancha o‘runlarg‘a ishqo‘llar soldilar. Bizlar o‘zimiz nodon bo‘lg‘animizdin shunda ko‘rub o‘quvni yaratmaymiz, bolalarimiz o‘rus bo‘lub ketadi deb qo‘rqub, behuda o‘ylar minan o‘qumay nodon qoluvimizni ortiq ko‘ramiz. Bizga tayyor maktab bo‘lsa, tayyor domla bo‘lsa, nimaki bizga bekorg‘a umrimizni o‘tkaramiz? Bizning shariatimizda har bir ilmni bilmak durust bo‘lsa, bu o‘ruscha, bu faloncha deb farq qilmay o‘zimiz uchun soling‘an ishko‘llarg‘a kirub o‘qiyiq. Sabablar ko‘b Bulardan boshqa ham yana har xil sabablar ko‘b, ayniqsa, pul qursi mas’alasi bilan samoviy ofat mas’alasini muhim sabablar qatorig‘a kirgizmak kerak. Qurs chatoqlig‘i orqasida bir pud o‘rniga bir yarim-ikki pud to‘laganlar ham ko‘b bo‘ldi. Bizning sodda qishloqilarimiz qursning asli, tagi-tugini bilmasdan soliq to‘lash vaqtida ham ko‘b zarar ko‘rdilar. So‘ngra: Andijon uyazida samoviy ofat ko‘b bo‘ldi. Paxtaning unumi oz. Sholining hosili ko‘b yerlarda sira bo‘lmadi. Ekinlarni “garmsel” degan shamol urub, butun-butun mahv qildi. Bu to‘g‘rida vaqti bilan gazetalarda ham ko‘b yozildi. Samoviy ofatga yo‘luqqanlar ozod qilindilar. Shu munosabat bilan ularning arizalarini ko‘rmak uchun maxsus kamisiyalar tuzuldi. Lekin, arizalarning ko‘bligi sabablik kamisiyalar ishlarini tezroq tugata olmadilar. Mana bu ish ham soliq to‘planishdag‘i to‘suqlardan biri bo‘ldi. Sahna sirlariga oshno san’atkor O‘zi o‘rta bo‘ylik, o‘rta jussalik, kulgan vaqtida kulgisini butun yuziga yoyib yuborib – keng-keng kuladi; birovga qarab kulganida ko‘prak ko‘zlari, ayniqsa, ko‘zlarining ikki chekkasi harakat qiladi. Yuzida eski turmush beparvoligining izlari qolg‘an: bilinar-bilinmas chechak dog‘i… Sahnaning yuz o‘zgartirish (grim) degan narsasi bu yosh odamning yuzlarini boshqa har bir akto‘r kabi halitdan qarita tushgan, yuzida yuqoridan quyig‘a tomon bir necha ajin cho‘zuladi. Lutfulla yoyilib kulganda u ajinlar boy kamalakday yaqqol gavdalanadilar. Ovoz, odatda, uncha erkakcha emas, ingichkarak. Lutfullaning qudrati ham shundaki, o‘sha ingichka ovozini o‘z joyida yanada ham ingichkalashtirmak bilan («Hujum»da Eshon) tomoshachiga unutilmas zavqlar beradi. 1926 yillarda bo‘lsa kerak, Lutfulla Maskov dram istudiyasining talabasi edi. Uni o‘shanda birinchi martaba butun dunyoga dong chiqarg‘an fransuz adibi Mo‘lyerning mashhur «Xasis» degan asarida ko‘rdim. U vaqtda Lutfulla, agar yanglishmasam, oddiy bir xizmatchi ro‘lini o‘ynardi. Nihoyat darajada yengil va sho‘x o‘ynagani uchun istudiyalilardan uning kimligini so‘radim, «Buxorodan kelgan yosh kuchlardan biri», – dedilar. Shu uchun bo‘lsa kerak, uning va u bilan kelgan yoshlarning tillarida o‘zbekchaning g‘aliz bir so‘zlanishi bo‘lardi. Keyincha Lutfulla, Sa’dixon, Isomov va Sharif o‘rtoqlar u g‘alizliqni yenga oldilar. Sahnada biz hozir hech bir til g‘alizlig‘i sezmaymiz. Lutfulla Buxoro shahar o‘zbekchasining o‘sha g‘alizlig‘idan ham, yuqorida aytganimdek, juda yaxshi foydalana bildi. «Hujum»dagi Eshon ro‘lining Lutfullaga «quyulib tushganini» hamma biladi, shu «quyulib tushush» sabablaridan biri, shubhasiz, haligi g‘alizliqdir. Negakim uni bizning Lutfulla juda ustalik bilan yog‘day silliq qilib o‘tkazadi va biz sezmay qolamiz! «Hujum» naqadar g‘ayrijiddiy va yengiltak narsa bo‘lsa ham, o‘zbek sovet sahnasida bir necha yil guldek umr ko‘rdi. Uni jiddiy ishdan so‘ng chinakam dam olmoq istagan tomoshachi hamma vaqt ko‘nguldan olqishladi. Buning bosh sababi, albatta, sahnamizning original kulgi asarlarga bo‘lgan ehtiyoji edi. Sovet dram yozuvchilarining, umuman, qalam ahlining yuzini qizartib bo‘lsa ham shu yerda aytish kerakki, yaxshi kulgi asarlarga bo‘lgan ehtiyojimiz hali hech bir qoniqtirilg‘ani yo‘q. Biz tarjuma yo‘li bilan G‘arb va rus klassiqlarini yana ko‘p ko‘rsatishimiz kerak. Faqat original kulgi asardan maydonda hech narsa yo‘q! Bu esa, hech shubhasiz, g‘ayritabiiy bir hol. «Hujum» piyesasi sahnaga chiqqan holatida faqat uch muhim omilning qo‘lida bo‘ladi va shular uning g‘alabasini ta’min etadilar: 1. Tursun O‘roz o‘g‘li (Qalandar bola). 2. Eshon. 3. Tabib. Shu uch omilning cholg‘u tiyotrida barbod qilinishi butun asarning ham sahnada nest va nobud qilinishig‘a sabab bo‘ldi. Muzaffar otaning «Hujum»i Lutfullasiz, Sa’dixonsiz va Sorasiz «Hujum» – sog‘lom kulgi beraturg‘an tomosha emas, tomoshachining g‘azabini keltiraturg‘an bir onglashilmaslik edi. Usta aktrisa Lutfixonimning u qadar yengil sakrashlari ham haligi kamlikni to‘ldira olmadi. «Hujum» yana sahna yuzini ko‘raturg‘an bo‘lsa, ishchi tomoshabin, o‘zining eski qadrdonlarig‘a yana qovushmog‘i lozim. Har qanday ijodiy asarni ham ishlab pishitadilar. Shoirning she’ri, nasrchining ro‘mon yo hikoyasi, bastakorning cholg‘u asari, cholg‘uchining bajarmasi, hatto zargarning chiroyliq baldoq yo shokildasi, yo‘nmachi ustaning nafis ishlangan yo‘nmakor asari… bular hammasi ishlanish orqasida pishadi, yetiladi, qimmatli asar holiga keladi. Bu narsa, ayniqsa, tiyotrda ko‘p seziladi. Tiyotrda yaxshi akto‘r ro‘lni ishlab pishitaturg‘an akto‘rdir. Lutfulla bu xususda ko‘plarga o‘rnak bo‘la biladi. Biz Lutfullaning o‘yinlarida bir narsani doim ochiq ko‘rib va sezib turamiz, u ham bo‘lsa tabiiylik. Shu uchun emasmiki, «Qo‘zi buloq»da qizning otasi ro‘lini o‘ynarkan, bir qancha replikalari bilan zalni shirin-shirin kulduradi. «Hamlet»da ham shunday. Undagi Poloniy eslik, ziyrak, bilimdon va mustaqil fikrli shahzoda Hamletga qarshi qo‘yilg‘an esi past, mahmadona, sayoz bilimli va qat’iyan o‘z fikri bo‘lmagan ahmoq bir choldir. Shekspir unga shu tavsifga yarasha so‘z bergan. Agar u so‘zlarni eplab, kelishtirib aytolmasa, cholning sahnada borligi quruq bir suratdan iborat bo‘lub qoladi. Hamletning so‘zlarini zalga yetkazish, meningcha, Poloniy so‘zini yetkazishdan og‘ir emas, chunki Hamlet juda aktiv odam, piyesada hamma imkon unga berilgan. Butun kurashni u olib boradi. U hislar, xayollar, o‘ylashlar, tushunishlar bilan to‘la. Uni o‘ynagan akto‘r istar-istamas uning so‘zlarini tomoshachiga yetkizishga majbur, aks holda, «Hamlet» degan bir asar sahna yuzida qolmaydi, qololmaydi. Holbuki, Poloniy tomoshachiga yetmasa, ko‘plar bunga qunt ham qilmaydilar. Hamletni ta’qib etish bilan ovora bo‘lub boshqalarg‘a ahamiyat bermaydilar. Yozuvchi uncha-muncha chakana odam bo‘lsaydi (Shekspir bo‘lmasaydi), Hamletdan boshini ko‘tarolmas, boshqalarni quruq bir surat qilib qo‘yardi. Faqat u dohiy yozuvchi bo‘lgani uchun binoning bosh bo‘lagini juda yaxshilab ishlamak barobarida yoni-beridagi kichkina (yordamchi) bo‘lakchalarni ham unutmagan, ularni ham boplab ishlagan, ishlab yetkizgan. Lutfullaning Poloniysini ko‘rganda qo‘yuvchig‘a haq berging keladi; qo‘yuvchi Poloniyning ahamiyatini tushungan, shunga ko‘ra, u ro‘lni Lutfullaga bergan. Lutfullaning Poloniysi tomoshachiga yetdi. Tomoshachi uning ko‘p so‘zlariga yozuvchi ko‘rsatgancha kuladi. Lutfulla – Poloniy ko‘p joyda zalni kuldura oladi. U parda orqasida behuda bir tasodif bilan o‘lib ketgach, unga achinganlar uning bu qadar ahmoq bo‘lushiga achinadilar. Achinib turib ham kulushdan o‘zlarini to‘xtata olmaydilar… Lutfulla asosan kuldiruvchi akto‘r emas. Unda kuldiruchilik – qiziqliq vajhidan ijod quvvati yo‘q, ya’ni u, aytaylik, Hoji Siddiq marhum va Mirshohid kabi hozirjavob ham emas (bu ikkala qiziqning hozirjavoblik san’atini ham uncha yuqori qo‘ymayman; har holda, cho‘muchga chiqqunday bir narsa bor). U asarning o‘zida bo‘lgan kulgili replikani g‘oyat tabiiy, to‘g‘ri bera oladiki, ana shu narsa zalning kulgisini ta’min etadi. Turmushda kulunaturg‘an joylar bor; ammo u joylarni sahnada yasamalik bilan berilganda kulgi chiqmaydi, balki, aksincha, tabiiy, turmushdagiday qilib berilsa, kulgi chiqadi. Ana o‘sha tabiiy o‘ynash orqasidadirkim, Lutfulla sahnada vaqtida hech bir takalluf, ayniqsa, zo‘r berish degan narsani bilmaydi. Durust, sahnada kechirma (perejivaniye) bilan o‘ynash yo‘suni bor. Bizning ko‘pgina akto‘rlarimiz bu yo‘sunga o‘zlarini yaqin keltirmaslikka tirishib: «Yo‘q, men kechirma bilan o‘ynamayman!» – desalar-da, ularga uncha ishonolmayman. Yolg‘iz texnika bilan o‘ynash uchun juda zo‘r san’atkor bo‘lush kerak. Akto‘r o‘z ro‘liga qiziqib o‘ynasa, bir oz kechirmaga o‘tmay iloji yo‘q. Faqat hunar shundaki, oqil poyloqchisi hamma vaqt poylab tursun va akto‘rga uning sahnada ekanini, butun bu narsalar bir o‘yindan iborat ekanini, sahna chegaralaridan chiqish yaramaganini doim eslatib tursun. Marhum Siddiq hojiday mohir akto‘rlarimizning eng dardli joyi shu poyloqchidan, shu tengshovchidan mahrumligi emasmidi? Siddiq hoji sahna qonunlarig‘a ko‘pda unagan akto‘r emas… «Hujum»da shu narsa ravshan ko‘runadi: eshon bilan tabib – ikki mustaqil olam, balki biri-biriga qarshi qo‘yulg‘an olamlar. Ro‘lni pishitish xususidagi jiddi-jahdi, o‘zidagi qobilliq va iste’dodga hech bir gumonim bo‘lmagan Sa’dixon tabibni o‘ynarkan, shamolga tutulgan olovday bezovta bo‘lub, ortiqcha berilib o‘ynaydi; aksari sahna chegaralaridan ham chiqib ketadi. Lutfulla esa buning tamom aksi: u har bir harakatini no‘taga o‘ydurgan balet o‘yinchisi singari salmog‘liq va og‘irliq bilan harakat etadi. Shu bilan, shubhasiz, yutib chiqadi. Bu farq eshon bilan tabib tiplarining o‘zidan kelib chiqqan farq deguvchilar ham bor. Bu, meningcha, yanglish da’vo. Uyg‘ur u ikki tipning tub chiziqlarini olib turib umumiy suratda yo‘rgan-da, so‘ngra akto‘rning o‘z shaxsiy ijodiga keng yo‘l qo‘yg‘an. Rejisso‘r Uyg‘urning g‘alabasini ta’min etgan sabablardan biri, meningcha, shu edi. Shu keng yo‘lda Lutfulla ishladi va ro‘lni suvday silliq va yumshoq qilib chiqardi. Lutfullaning sahnadagi muvaffaqiyati ko‘prak uning tabiiy talantidan keladi. Shu talantni o‘zi ham ishlab, tarashlab, silliqlab borsa qanday yaxshi bo‘lardi. Bu narsa, meningcha, Lutfullada bor bo‘lsa ham, yetarlik emas. (Bu da’voni ko‘b akto‘rlarimizga yoyish mumkin.) So‘zlash boyligini yetarlik darajada kengaytirib uni navlash xususida Lutfulla hali hozirgacha kam, juda kam ishlagan. Poloniydek cholning yurushlariga ham qariliq alomatlari bera bilgan (qaltirab yurishlar) Lutfulla nima uchun uning ovoziga qariliq berishga urunmaydi? Lutfulla Poloniysining ovozida riyokorlik – ikki yuzlilik, mudohana xususiyatlari bor. Ammo qariliq asari ochiq emas. Ishlash bilan buni ham qilish mumkin. Buni Lutfulla bilmaydi emas. Yana bir tanbeh: Poloniyning bekorchi gaplarni ko‘p gapiraturg‘an chiroyli va pardozli so‘z sotaturg‘an mahmadona bir ablah ekanini Shekspir juda yaxshi ko‘rsatadi. (Qirol va qiro‘licha oldida Hamletning Ofeliyaga yozgan xatini o‘qumasdan burun aytgan so‘zlari.) Qo‘yuvchi Poloniyning sergapligini ko‘rsataturg‘an u ajoyib monologni qo‘yilish talabiga qarab ancha kamaytirgan. Lekin akto‘r o‘sha asl nusxaning o‘zini qat-qat o‘qub, o‘ylab, umuman, mahmadona, sergap va so‘z pardoziga berilgan odamlar bilan ko‘prak tanishib, o‘sha xil tiplarning ichiga kirishi kerak edi. Lutfulla o‘sha joyni o‘ynaganda biz shunday chuqur tekshirishlar bo‘lganini anglayolmaymiz. Holbuki, turmushda ham shunday odamlar ko‘p! Lutfulla – oldingi akto‘rlarimizdan. Ishonamanki, u borgan sari yuksalajak, ro‘lni ishlab pishitishga avvalgidan ham ko‘prak zo‘r berib davom etajak. Faqat sahna san’ati – ayniqsa, akto‘rniki – juda nozik san’at. Uni yosh boladay doim parvarish qilib turush kerak. Sahnada talantdan tashqari madaniyat ham kerak. Buning yo‘li ma’lum: o‘rganish! Akto‘r eng avval turmushning o‘zidan (tiplar, so‘zlar va hokazo), kitob mutolaalaridan, leksiya va darslardan, boshqa tiyotr va akto‘rlardan, o‘z ustozlaridan o‘rganadi. Shularning birginasi kamlik qilg‘anda ham, akto‘rning turgan joyida depsangani bilinib qoladi. Sahna san’atining sirlariga muncha oshno bo‘lg‘an Lutfulladan bizning kutganimiz doim oldinga qarab intilishdir. Sahnalar tegrasida Ozarbayjon turk sahnasi yaqinda 50 yoshg‘a kirishi munosabati bilan katta bir bayram qilib o‘tkazdi. Haqiqatan, Rusiya turklari orasida eng eski sahnaga ega bo‘lg‘onlar — Ozarbayjon turklaridir. Ozarbayjon teatr yozuvchilig‘ining otasi bo‘lg‘on Mirzo Fatxali Oxundo‘vning o‘lganiga, ozarbayjon sahnasining ulug‘ og‘asi bo‘lg‘on Arablinskining dunyodan ketganiga bir necha yil bo‘lub qoldi. O‘zining shu uchun umrida ko‘b og‘ir kunlarni o‘tkazgan bu sahna, bu kun ulug‘ va yarashar bir sharaf bilan o‘zining ellik yillik bayramini o‘tkazmakdadir. Bokuda chiqadurg‘on «Ko‘mmunist» rafiqimiz shu bayram sharafiga bir bosh maqola bag‘ishlag‘an. Ul maqolada nafis san’atning ahamiyati, ozarbayjon sahnasining boshidan o‘tkazgan og‘ir kunlari va uning hozirgi ahvodi to‘g‘risida fikr yurgiziladir. Haqiqatan, 50 yil oz muddat emas. Bu muddat orasida ko‘b narsa ishlamak mumkin. Lekin, ozarbayjon sahnasi ham bizning sahnamizdek xalqning eng qora johil vaqtida bosh ko‘targanligidan; «Chapga aylansa kofirlik, o‘ngga burilsa dinsizlik ta’naga yo‘luqub, din talqin qilg‘uvchi dinsizlarning har turlik hujumlari ostida qolib oq sallalik boyqushlar, qop-qora nodonlarning changalidan xalqni qutqazib olmoqqa tirishqon». Albatta, bunday bir muhitda 50 yil yashag‘on sahna juda ko‘b narsa qila olmasa, ma’zurdir. Uchmasdan, so‘nmasdan, yo‘k bo‘lmasdan davom etib kelgan bo‘lsa, bu kun shu ham katta xizmatdir. «Ko‘mmunist» rafiqimiz: «Bu kungi teatrimiz kechagi vazifasini ifo(da) qilib turadirmi? Bu kungi sahnamiz madaniyatga tomon hatlag‘on qadamlarimiz bilan chiqishdirila olurmi?» deb ikkita muhim savol bergandan keyin, bu savolga o‘zi: «Taassufga qarshi, darhol «yo‘q!» kalimasini qo‘llashga majbur bo‘lib qolamiz», deb javob beradir. «Qo‘mmunist» rafiqimiz bu savol va bu javoblari bilan sahnaning shu kungi holig‘a qanoatlana olmag‘onlig‘ini ko‘rsatmak istaydir. Maqolasinnig oxirida sahnaning tuzalishi uchun «mas’uliyatni uhdasiga olg‘on Ozarbayjon maorif komissarligiga muvaffaqiyat» tilaydir. Zotan, rafiqimiznin tilagan muvaffaqiyati ta’min etilgan hisobdir. Sahna va san’at ishlari uchun burun ham hozir ham eng kerak bo‘lg‘on moddiyot mas’alasi ortig‘i bilan hal etilgan: «Bayram kunida Ozarbayjon turk teatriga dekaratsiyalar hozirlamoq uchun maorif komissarlig‘i tomonidan 100 so‘m oltun pul chiqarilg‘on. Bayram komissiyasining bir majlisida xo‘jalik idoralarining turk teatriga moddiy yordam berishlari lozim ekanligi to‘g‘risida bir qaror chiqarilib, birinchi o‘laroq quyidag‘i idoralar iona qilg‘onlar: Xalq komissarlar Sho‘rosi raisi o‘rtoq Sabikif, komissarlar sho‘rosi otidan 15000 so‘m oltun pul, Ozarbayjon neft idorasi raisi Yo‘ldosh Seribrufski 15000 so‘m oltun pul, sanoat tijorasi komissari o‘rtoq Sultonif 10000 so‘m oltun». Bu yordamning boshidir hali davomi va oxiri bor. Demak, Ozarbayjon sahnasi to‘la ta’min etilgan. Biz, bu yerda — o‘zbek davlat truppasini tarqatish arafasida turubmiz. Shunda ham ma’yus bo‘lmaymiz. Uningda qadri bilinur vaqti bordir, axir! Hozircha tom ma’nosi bilan yetim bo‘lg‘an o‘zbek sahnasining bir muhibi, bir orqadoshi sifati bilan: Ozarbayjon sahnasini qutlaymiz! Sahnamizda — Ijroqo‘m binosida! — Katta tomosha! — Tong otquncha tansa!.. Mana Eski shahar o‘zbek san’atining chopqillab, yugurub ketib borishi shu yo‘ldadir. So‘ng kunlarda xunuk-xunuk, qo‘pol-qo‘pol, savodsizlarcha yozilg‘on shunday e’lonlar orasida «Halima», «Abo Muslim», «Gunohkorning oilasi» kabi jiddiy narsalar ham ko‘rula boshladi. Bizning boyaqish Davlat truppasi yolg‘uz Eski shahar maorif sho‘basi tomonidan berilib turg‘on oz-moz yordamga tayanib, pitillab, qimirlab yotqong‘a o‘xshaydir. Ustiga qora bo‘yoq berilsa qora «barxut» tusini olib, pachaqlang‘on, sing‘on, yirtilg‘on sahnamizning «gunohlarini» yopib turaturg‘on kalinkurmi, qopmi, nimadir oling‘on; yaqinda bechora tomoshachilar parda orasida zerikib, uxlab ketish balosidan bir qadar qutulurlar, degan umid bor… 11 dekabrda o‘shal o‘zimiz ko‘rgan qishliq «Turon» binosida — yuzinchi martaba bo‘lsa kerak — «Halima» o‘ynaldi. «Halima»da o‘zbek sahnayeida birdan-bir o‘zbek hayotining eng qattig‘ fojiasi, eng kulgi o‘rinlari, eng ahmoqlarcha to‘y-tomoshasi ko‘rsatilgandir. Shuning uchun bo‘lsa kerak, asarning allanechanchi martaba qo‘yulushig‘a qaramasdan xalq to‘ladur, joy tegishmaydir. Uzoqdan-uzoq kutish, pardaga ko‘z tikish natijasidan nihoyat parda ochildi. Buzuq, yirtiq-yirtiq, qo‘pol, rangi o‘chgan, tullab-ketgan dekaratsiya. O‘yun o‘shal o‘zimiz ko‘rgan o‘yun, o‘ynag‘uchilar ham o‘shal o‘ynab yurganlar… Faqat, boshig‘a «Gulyor» kuyi bilan bir xo‘r ortdirilg‘on va bu martabada o‘yung‘a Eski shahar bola bog‘chalarining hamma murabbiyalari degundek aralashqonlar. Xo‘r yaxshi xo‘rdur; lokin qo‘shug‘i juda uzun, buning ustiga yod olinmag‘onlig‘ini ham qo‘shsak, bo‘sh va ma’nosiz. Musiqa bu safar juda ezdi, bir necha kuyni sahna bilan barobar olib bora olmadi. Grimlar ham juda ortiq darajada sun’iy edi. Shu yod olmag‘onliqning natijasi bo‘lsa kerak, qizning onasi sovchi xotunlarga: «Kelinglar, eson-omon keldinglarmi?» deb 80 tosh yo‘ldan kelgan mehmonga aytilaturg‘on so‘zni aytadir. So‘ngra, sovchilar chiqib ketayotqanda, uy egasi: «Yaxshi qolinglar!» deydir. Shunday bo‘lsa ham ona ro‘lida (1 va 2 pardalarda) R. Tutashning juda botirlik bilan dadil gapirishi yaxshi. Bizning sahnamizda ba’zi bir artistkalarimiz juda siqilib, tortinib o‘ynaydilar. Sahnada erkin bo‘lish — bu eng kerak narsadir. Ikkinchi pardada aytilgan azon o‘zi juda joysiz bo‘lishi bilan barobar shu qadar tez aytildikim, takbir ham bundan sekinroq aytilguchi edi. Ikkinchi parda eng fojialik bir pardadir. Unda shodlik bilan qayg‘ining qarshig‘a-qarshi kelib qolishlari juda nozikdir. Bir tarafda o‘lim, yig‘i; ikkinchi tomonda to‘y-tomosha. Bir tomonda faqirlik, yo‘qsulliq; ikkinchi tomonda boylik, isrof… Mana bu pardaning ta’sirini buzg‘on narsa: qiz tomonda gap boshlang‘onda, yigit tomonda onaning shovqun qilib, yig‘lashi bo‘ldi. Odatda sahna ikkiga bo‘linganda, bir taraf so‘z boshlag‘onda ikkinchi tomon tovush chiqarmaslig‘i kerak edi. So‘ngra bu parda o‘zi ham ertarak tushdi. Oxirgi parda butun murabbiyalar aralashqoni holda juda sovuq chiqdi; jonliliq to‘y va kelin tushurdi vaqtidag‘i gap, so‘z, shovqun, to‘palang, o‘yun bo‘lmadi. Bu pardaning eng qiziq vaqtida elektrikning o‘chub qolishi, oradan qariyb yarim soat o‘tkandan keyingina bir xira chirog‘ yondirilishi… beshinchi pardaning haqiqiy fojiasi mana shular bo‘ldi. Ro‘llarda: Ma’suma xonim, Abror, qizning otasi yigitning otasi yaxshi edilar. Boshqalari ham tekis o‘ynadilar. O‘yun chog‘ida pirajekturning qilg‘on adabsizliklarini aytaylik-da, «Halima» to‘g‘risida so‘zni to‘qtatayliq. Sanduq ozlig‘i Soliqning yig‘ilishida to‘suq bo‘lg‘an shartlarning biri – rayonlarda soliq topshiradurg‘an sanduq (kassa)larning juda kam bo‘luvsidur. Budjetni siqmoq, sarflarni hisoblatmak maqsadi bilan bu to‘g‘rida ham juda jiddiy iqtisod (ekonomiya) yo‘li tutulgan. Andijon uyazida shahardan boshqa, faqat birgina Jalolobod rayonida soliq topshiradurg‘an sanduq bo‘lg‘an. Soliq topshirg‘ani kelgan dehqonlarning bir kun-ikki kun turub, navbat yetmay ko‘blab-ko‘blab qaytub ketganlari ko‘rulgan. Bir, yoki bir necha qishloq aholisi tomonidan bir vakil kelib to‘lasa ham bo‘ladurgan bir tartib ham chiqdi. Lekin, bu tartib ishning qizig‘an vaqtida emas, keyinroq chiqib qolub, amalda foydasi ozroq bo‘ldi. Savod qurslari Yoz vaqtlarida qizil qo‘shun orasidagi siyosiy maorif ishchilarining ko‘magi bilan birdan ko‘payib ketgan savod qurslari kuz oylarida yana xiyla susayib qolg‘an edi. Hozir, mana bu so‘ng kundarda, savod qurslari yana ko‘payib boradur. Savodsizliqni tugatish to‘g‘risida yana bir qadar jonlanish ko‘rilmakdadur. Ilgarilari bizda ba’zi bir narsalar, ayniqsa, shunday qurslar birdan kuchayib, gurullab ketib, keyin – g‘o‘zapoya yoqg‘an o‘tdek – susayib, pastlab ketar edi. Andijon maorif nazoratining savodsizlikni tugatish bo‘limchasi ilgarigi to‘rtta qurs ustiga yana to‘rtani ochdi. Bu qurslar eski shaharda xalqning g‘ujum yerida Ko‘tak tegirmon degan joydadur. Jalolobodga qarashliq Suzoq degan qishloqda ham savod maktabi ochildi. Qishloqlarda savod maktablari ochishg‘a harakat qilish Andijon maorif nazoratining yaxshi va olqishlayturg‘an qadamlaridandur. Shu xil qurslarni yangi maktablari bor bo‘lg‘an boshqa qishloqlarda ham ochmoq kerak. Yangi ochilg‘an qurslarning qolg‘an ikisi shahar ichida bo‘lub, ulari, faqat, ishchilar uchundur. Masalan: birinchi paxta zavuti oldida tubjoy xalq ishchilari uchun bir maktab ochildi. Temir yo‘l yaqinida temir yo‘ldagi ovrupalik ishchilar uchun bir qurs ochildi. Birdan ko‘b va katta ishni boshlab so‘ngra tashlab yuborish bizda odat qatorig‘a qirayozdir. Buning zararini inqilobning burung‘i yillarida ko‘b ko‘rub, eslab ham qoldik. Emdi oz bo‘lsa ham, kichkina bo‘lsa ham puxta va asoslik ish boshlab, shuni sekin-sekin ilgari bosdirib, kengaytish, zo‘raytish kerakdur. Maorif nazoratining bu keyingi ochqan to‘rta savod qurslarini shu umid bilan qarshi olamiz. Sayil Batraklar seksiyasi va maorif ehtiyojlari uchun O‘sh soyining bo‘yig‘a sayil chaqirilg‘an. Kunduzlari xalq oz bo‘lsa ham kechalari ko‘p bo‘ladur. Anjandan mashshoqlar va qiziqlar borg‘andir. Bu sayilning bir yomon jihati borkim, u ham bo‘lsa qimordur. Kunduz kuni ertadan kechgacha 6-5 yerda davra bo‘lushub o‘turgan tubjoy xalqni ko‘ramizkim, hammasi navkar boshida, qimor o‘ynab o‘turadurlar. Bor-yo‘g‘ini qimorg‘a «boy berib» qo‘yub, yomon yo‘llarga ketkanlar ozmi deysiz? Bir qishloq dehqoni bir arava shaftoli, bir arava uzumini yutquzg‘andan keyin, oxirg‘i o‘yunda ot-aravadan ham ojralg‘an… Farg‘ona uchun ot-ulov, pul-oqchaning ahamiyatini tushunganlar O‘sh hukumatdorlarining bu harakatini olqishlab qarshi olmaslar kerak. Seni ko‘b ko‘rmasun – Hah, Tangrimga shukur-ah, uxlab ketdi! – dedi va eski to‘shaklar orasida to‘lub-toshib uxlab yotqan bolasig‘a ona muhabbati bilan uzoq-uzoq tikilib qarag‘andan keyin: – Jindak mizg‘ib olay! – dedi va boshini sekingina bolishg‘a qo‘ydi. Bu kattagina bir qishloqda o‘tub yotqan bir ro‘zgor, u bolasini uxlatqan Xadichaxon degan yosh bir juvon. Uxlab yotqan bola bo‘lsa uning kichik o‘g‘li Ishoqjon edi. Ishoqjonning otasi Roziqjon o‘sha qishloqliq bir dehqon yigit bo‘lub, to‘rt-besh tanob yerga o‘zi ishlab besh-olti yildan beri shu ro‘zgorni aylantirib kelar edi. Ro‘zgor katta emas: bir xotuni, bir onasi, ikki bolasi va bir o‘zidan iborat kichkinagina bir yig‘in edi. Inqilobdan bir-ikki yil burun, yangi uylangan vaqtlarida, ro‘zgorlari yaxshi, tinch, bir xilgina o‘tub turub edi. Inqilob bo‘lub, mana bu ichki urushlar boshlanib, yurt urush maydonig‘a aylangandan keyin tolag‘a chiqub dehqonchiliq qilish qiyinlashib, ro‘zgorni kaldiratib olib borish ham juda og‘ir bo‘lub qoldi. Shunday bo‘lsa hamki, yosh, g‘ayratlik, lokin yoshlig‘idan beri tinchliqni sevib katta bo‘lg‘an Roziqjon kuch va quvvatini, g‘ayrat va harakatini birga o‘n oshirib bir qarich tuproq ustida ishladi. So‘ng choqlarg‘acha ro‘zgorni tebratib keldi. Ro‘zgorning ichki hojatlari uchun ikkita sog‘im sigir, bitta qo‘shchi ot ortdirdi. Shunday qilib, bu turmush o‘tkan yili shu choqlarg‘acha bir xilda davom etib keldi. Bultur shu vaqtlarda Roziqjon o‘… xuftongacha toladan qaytmasdan kechikib qoldi. Xadichaxon zamonaning tinchsiz vaqtlarida erining kech qolishidan qo‘rqsa ham, «Bugun o‘roqni bo‘lsa, narigi jugari tomong‘a suv bog‘lamoqchi edi», – deb shu bilan o‘zini yupatdi. Yarim kecha – sahar bo‘ldi. Roziqjondan xabar bo‘lmadi. Xadichaxon bilan qari kampir og‘ir bir iztirob ostig‘a tushkan edilar. Eshikni qoqdilar. Eshik ochmoq uchun chiqib ketkan kampir «voy, bolam»lab yig‘lab kirdi. Ko‘ngli buzulg‘an Xadichaxon irg‘ib tashqarig‘a chiqishi bilan uch erkakning qo‘llari ustida qora qong‘a bo‘yalib yotqan Roziqjonni ko‘rdi. Bir nafas to‘qtadi, na yig‘i keldi, na boshqa, boshi qotdi. Keyin o‘likni bo‘yraning ustiga qo‘yib ketayotqan kishilardan: – Voy, bu nima gap? – deb so‘radi. Qishloq kishilari shoshilmasdan, hovliqmasdan, vazminlik bilan: – Kelinbu, toladan kelayotib yo‘lda beklar otib ketibdur… – deb javob berdilar… Munga bir yil bo‘lub o‘tdi. Roziqjon esdan chiqayozib qoldi. Xadichaxon bolasi Ishoqni uxlatib bo‘lub o‘zi bolishqa boshini qo‘yg‘an vaqtida Roziqjon xayolig‘a tushdi. Undan keyin uxlay olmay uzoq-uzoq o‘ylanib yotdi. Kun chiqqan, tig‘lari panjara orqali cho‘zulub uy ichiga kirganlar edi. Uxlay olmadi, turdi. Bolasig‘a yana bir tikilib olg‘ach boshiga kalta kamzulini yopinib to‘ppa-to‘g‘ri ko‘chaga chiqdi. Besh qadam yurub chap qo‘ldag‘i tor ko‘cha bilan tolag‘a chiqdi. Tolada ishlab yotqan dehqonlarg‘a qarab Roziqjonni tugalgina eska solmoqchi edi. Bu yil birmuncha yerga paxta ekilgan, ana u Turdiali o‘z yerida paxta chopib turadur. Tutning tagiga o‘t yoqib kichkina chovgunchani qaynatib qo‘yg‘an, to‘nini tutqa ilgan… Oh, agar shu Roziqjon bo‘lsa edi, choydishni qo‘yub choy damlab, zog‘ora non bilan olib chiqar edi… Ko‘ngli to‘ldi. Ko‘ziga xohlar-xohlamas bir necha tomchi yosh keldi. Ko‘z yoshlarini kir-mog‘or yengi bilan sekingina artib yana uyga qaytdi. Ko‘cha tarafdagi eshikni ochib ichkariga kirishi bilan kampir yo‘luqub: – Sobirjonni ikki xurmacha qatiq berib shaharga yubordim, «Darrov sotib bir qadoq-yarim qadoq go‘sht olib kel!» – dedim, bolam bechora ketdi, – dedi. Kelinning aqli tolada, bir vaqtlar tolani yashnatqan Roziqjonda edi. Anglar-anglamas bir aft bilan, bo‘shangg‘ina, eshitilar-eshitilmas qilib: – Yaxshi qilubsiz, – dedi. Shu bilan indamasdan uyga kirib ketdi. Peshin bo‘ldi, kech kirdi, Sobirjondan darak bo‘lmadi. Kampir bilan kelin talvasag‘a tushdilar. Darhol qo‘ni-qo‘shnig‘a xabar berib qo‘shnining katta o‘g‘li Xolmatni otqa mindirib shaharga yubordilar. Xolmat u kecha qaytmadi. U kechani kampir bilan kelin bir do‘zax azobida o‘tkazdilar, choy ham ichmadilar, ovqat ham yemadilar. Ertasi kuni erta bilan Sobirjonning o‘ligini ko‘tarib Xolmat keldi. Yig‘i-sig‘i orasida so‘rag‘anlarg‘a Xolmat yigit sira pinagini buzmasdan: – Shaharda otish bo‘lg‘an ekan, daydi o‘q tekgandur yo armanilar otib-otib ketkandur, – deb javob berdi. Xadichaxon yigirma uchga qadam bosqan. Lokin hech kim uni yigirma uchda demaydur, bilmagan kishilar uni qari juvon, o‘ttiz beshlarga kirgan bir xotun deydurlar. Uning aqlu hushi ham joyida emas, qishloq bolalari «Xadi jinni» deb ot qo‘yg‘onlar. Muning ahvolini yaxshi bilgan kishilarning hamma vaqt unga rahmlari keladur, «bechora juvon» deydurlar. Bechora juvonning kichik o‘g‘li Ishoqjon ham kasal. Munday zamonada tabib, doru-darmon ham topilmaydur. Bechora juvon bezgak changalida qaltirab yotqan bolasini zaharlik ko‘z yoshlari to‘kub turub qurub-qotib ketkan bag‘rig‘a bosadur-da: – Bittayu bittam, yolg‘uz qo‘zichog‘im, Xudoyim senigina ko‘b ko‘rmasun!.. – deydur. Va tiqilg‘an, bo‘g‘ulg‘an nafasi bilan uzulub-uzulub yig‘laydur… Shahardan – qishloqqa! I Xo‘p mullaka, uchovinglar yarim so‘mdan bir yarim so‘m beringlar, mana men bir pastda olib borib tashlayman. Yashgina, chehrasi issiqqina bir yigit shu so‘zlarni aytib, belbog‘ig‘a qistirilg‘an chiroyliq qamchisini qo‘lig‘a olib, yonimizg‘a keldi. Sheriklarimiz orasida gapga usta, mahmadana, epchili Sami’jon edi. Ilgari, yigitning qo‘lidan qamchisini tortib olib, yonida turg‘an Zokirxo‘jani o‘tar-o‘tmas qilib bir-ikkita urg‘andan keyin: Pulda gap yo‘q yaxshi yigit. Topqanimizni beramiz, indamay olaberasiz. Lekin, gap shundakim, bizni olib borib tashlabg‘ina qo‘ymasdan, kechgacha o‘sha yerda biz bilan birga yurib kechqurun yana olib kelib qo‘yasiz, – dedi. Xo‘p mullaka, men sizlarni xursand qilay, siz meni rozi qiling. Bo‘ladimi? Aravakash yigit yugurib borib – bo‘ynilariga qator-qator oq munchoqlar taqqan otig‘a bir irg‘ib mindi va aravani gumirlatib kelib yonimizg‘a to‘xtadi. Sami’jon ikki otlab otning yonig‘a bordi, uyoq-buyog‘ig‘a yaxshilab nazar solg‘andan keyin: Yaxshi yigit, ot joyida! Munchoqlarni ham xo‘b erinmay osibsiz. Ammo lekin orada tumorchalar ko‘runmaydir? – dedi. Aravakash yigit shundak yaxshi otig‘a ko‘z tegib ketishidan qo‘rqmabdir- da! – dedim men. Tumori bor edi-yu mullaka, lattalari juda yomon titilib ketgan ekan, yangilatgani berib edim, – dedi aravakash. Lattasi titilgan tumorning xosiyati ham bir yog‘liq bo‘lg‘andur!.. – dedi Muslimjon. Gumur-gumur sayvon aravaning ichida 5-6 kishi shundaqa qilib yo‘lg‘a chiqdik. Turkistonimizda yangi shahar – eski shahar deb ikkiga bo‘linmagan va biror balandroq joyig‘a bitta “turpoq qo‘rg‘on” solinmag‘an shahar bormi ekan? Yo‘qdir. Bo‘lsa ham bitta yo ikkita. Gumburlama sayvon aravada ketayotkan 5-6 kishi – bizlar ham yangi shaharning bir chekasidan, “turpoq qo‘rg‘on”ning bir yonboshidan, uncha ham baland bo‘lmag‘an bir adirni oshib o‘tdik. Adirning narigi yuzidan pastga qarab tushayotkanimizda qarshimizda go‘zal bir manzara ko‘runish ochdi: Ko‘zga ravshan ko‘runarlik bir masofada qator-qator adirlar cho‘zilib ketgan. Adirlarning ba’zi bir joylari bulutdan tushgan ko‘lankadek chuchmalgina qorayib turadir; ana o‘sha joylarg‘a bug‘doy ekilgan. Adirning boshqa joylari ko‘klam – bahor chog‘ida kelaturg‘an loyqa suvrak qoramtil sarg‘ayib turadir, u joylarg‘a hech narsa ekilmagan. Adirning eng tepa joylaridan – yiroqlardag‘i qorliq tog‘larning eng baland yerlari, ko‘kka qarab cho‘zilg‘an cho‘qqilari ko‘runadir. Adirning eng tepasidan ko‘runib turg‘an qorliq tog‘lar – baland devorning ustidan oppoqlagisi bilan mo‘ralab turg‘an kampirga o‘xshaydur… Berida – pastda siyrak bir o‘rmon – bir to‘qay yoyilib yonadur. Faqat, bu o‘rmon – boshqa mamlakatlardagi o‘rmonlardek bir xil daraxtlardan birikkan emas; munda tut, tol, qayrag‘och, o‘rik, olma, gilos, baqaterak, mirzaterak… hamma narsa bor. Daraxtlarning taglarida “shir-shir” shirillab tiniq, o‘ynoqi suvlar oqib yotadir. Daraxtlarning oralarida – chorsi qilinib bo‘lingan maydonchalarda turluk-turluk ekinlar unib, o‘sib turadir… Sami’jon ekilgan ekinlarning har birini bir sanab, ularning qachon ekilib, qachon va necha martaba sug‘orilib, qachon chopilib, qachon o‘rilishini ignasidan ipigacha tushuntirib boradir. Sami’, yech, tashla bu kalta, tor kiyimlaringni! Ha, nima bo‘ldi? Sen dehqonchiliq ishlarini, qishloq zindagarchilig‘ini bir qishloqidan ortiq bilasan. Qo‘lingg‘a bir ketmon olib, 5-10 tanob yerni ekib, obod qilib yotmasdan, kalta, tor kiyimlar orasida siqilib nima qilasan? Xayr – mayri yo‘q. Sen agar bir qishloqqa borib dehqonchiliq qilsang – qishloq xalqig‘a ham ko‘p foydang tegadir. Nuh zamonidan qolg‘an omochlarning o‘rniga yangi, oson foydalik qurollarni o‘zing ishlatib ko‘rsatasan. Bu bilan qishloq xalqi, madaniy dehqonchiliqqa o‘rganadir. Bu – bir. Undan keyin o‘sha qishloqni va uning yoni-beridagi boshqa qishloqni maorif, bilim to‘g‘rilaridan ham yuksaltishga harakat qilasan. Sendek qishloq xalqining ruhig‘a yaqin turg‘an bir yigit bu yo‘lda harakat qilsa, shubhasiz juda ko‘p natijalarga erishadi. Sami’jon o‘ylab ketdi. Sami’, muncha chuqur o‘ylab ketding? “Qaysi qishloqqa o‘runlashsam ekan” deb, qishloq tanlab qoldingmi? Barakalla! Sami’jon uyg‘otilg‘an ko‘zlari bilan menga bir qarab oldi va og‘ir, o‘ychan ovoz bilan: Hali, qishloq tanlash qayoqda deysan? Shahardan qanday qilib ajralish o‘yi bilan chuvalaman deydi-da, yana aravakashning yirtiq choponig‘a tikilib o‘yg‘a botdi… – Sami’, tur yetib qoldik! Sami’jon sekingina boshini ko‘tardi. Biz indamasdangina aravadan top-top tusha boshlag‘an edik, u ham bir qo‘lini aravaning shotisig‘a qo‘yub turib, irg‘ib yerga tushdi. Go‘ristonning yonig‘a, kichkina anhorchaning bo‘yig‘a samovorchining bir gilam – bir sholchasini yoydik-da ustki kiyimlarimizni yechmakka boshladik. Anhor, 10-15 tuproq zina bilan chiqilaturg‘an tepaning ustidan go‘ristonning bo‘ylab o‘tadir. Anhor bilan zinaning orasi, nihoyati, ikki quloch keladir. Uyog‘i – pastlik biz borg‘an joy – katta bir mozor. Haligi pastlik o‘sha mozorning keng maydoni tekis va salqin hovlisi. Pastda, huddi bizning yong‘inamizda kichkinagina, lekin chuqur bir hovuz bor. Hovuzning bir tarafidan kirgan suv, narigi tarafidan sekin-sekin chiqib ketib turadir. Hovuzdan chiqqan suvg‘a bir samovorchi “parra – shamol” o‘rnatibdir-da, uning shabodasida bemalol uxlab yotibdur. Pastda, u yer – bu yerga o‘runlashkan 5-6 ta samovor, bir-ikkita qassob, boqqol va mevafurushlar bor. Narida – pishiq g‘ishtdan yasalg‘an bolaxonalik ikki xona uy bor. Uylarning o‘rtasida yana pishiq g‘ishtdan ishlangan hovuz. Hovuzning to‘rt chekkasida pilapoya – zinalar bor. Uning devorig‘a, odam belicha joyg‘a yog‘ochdan tarnov o‘rnashtirilgan. Haligi tarnovdan hovuzg‘a muzdek sovuq suv – buloq suvi tushadir. Shorr-shorr-shorr!.. Buloq uylarning oldida 3-4 ta lungini ilib qo‘yib yoshqina bir shayx o‘lturadir. Ba’zilar “savob” deb, ba’zilar “lungi puli” deb shayxga oz-moz pul qoldirib ketadirlar… Shayx ham, oz demay ko‘p demay “qulluq” qilib olib qoladir! Buloqning orqasida yana bir zina bor; u bilan ham haligi tepaga chiqiladir. Zinadan chiqqan hamon yana boyag‘i anhorcha; undan o‘tkach mozor egasining maqbarasi, undan narisi keng go‘riston… Mozor – kichkina bir uydan imorat; uy oldida – ikki tomondan chirib, rangi o‘chib ketkan ikkita yog‘och; ustida yarim siqim ham kelmayturg‘an ot dumi – qora qil… Maqbara (sag‘ana) oldig‘a bir yog‘och kart qo‘yub, ikki shayx o‘lturg‘an. Pastda, katta bir qabr toshning ustida yosh bir ko‘r bola o‘lturub, hasrat ovozi bilan Qur’on o‘quydir… Sami’jon, samovorchidan eskirgan, sirlari ko‘chib ketib – quruq misi qolg‘an bir patnus so‘rab olib, go‘sht-yog‘, sabzi-piyoz, guruch olib keldi. Ana, ko‘zlaridan yoshlarini to‘ka-to‘ka piyoz to‘g‘raydir. Ha, Sami’ onang o‘ldimi? Yoshg‘a to‘lg‘an ko‘zlarini bir-ikki martaba chip-chip yumib oladir-da: Ha, katta xolangiz o‘lib qoldi… ko‘b yaxshi xotun edi, rahmatlik! – deb qo‘yadir. Sami’jon hansirab yurib oshni pishirguncha biz – bir necha kishi – Hindiston millatchilarining boshlig‘i “Gandhi” to‘g‘risida fransuz adibi “Ro‘man Ro‘llar”ning (Roman Rollan – I.M.) asarini o‘quymiz. Oramizda ikki istudent (oliy maktab talabalari) bor. Ulardan biri o‘quydir. Biri tarjima qiladir. So‘ngra: “Ro‘man Ro‘llari”ning da’volarini hind kamunisti “Raviy”ning da’volari bilan chog‘ishdirib ko‘ramiz. U to‘g‘rida bir narsa aytar-aytmas talabalardan bittasi o‘zbekcha gazetalarning tili to‘g‘risida so‘z qo‘zg‘atadir. Bu to‘g‘rida ham uzul-kesil bir fikrga kelmay turib, gapimiz sahnadagi asarlarga, ijroqo‘m saylovlarig‘a, maorif ishlariga ko‘chadir. Mas’alalar ham, yigitlarning ko‘nglidak sakrab, irg‘ib, chopib yuradir! Oshdan keyin Sami’jon bilan Sayfidin o‘zaro hazil qilishib, biri-birini piypalashka kirishdilar. Biz, ularning hazillariga uncha ko‘ngil ham qo‘yg‘animiz yo‘q; bir-birimiz bilan chandishib o‘lturamiz. Bir vaqt “sholop!” degan tovush eshitamiz. Qarasak: Sami’jon bilan Sayfidin quchoqlashib hovuzg‘a yumalang‘anlar. Shundan so‘ng “suv o‘yuni” – “suvga pishish hazili” boshlandi. Kuchligrak bittasi kuchsizrak bittasini sudrab olib borib hovuzg‘a yumalatadir; narigi – yumalang‘an ham muning oyog‘ig‘a osilg‘an bo‘lsa, uning ketidan buning o‘zi ham ketadir… Shunday qilib hamma bir qur – ko‘ylak-mo‘ylagi bila hovuzni aylanib chiqg‘andan keyin, yana jimlik o‘runlashadir. U – unda, bu – munda; hamma o‘z boshig‘a kiyim qurutmoq bilan ovora! Yoz oylari nimasi? – yupqa, yengil kiyimlar tezda qurib qoladir. Yana joyimizg‘a o‘lturishib joy ichishamiz. Bu safar ham suhbat qizadir: Xotun-qizlarni maktablarga qandoq olib kelish, qiz maktablarini ko‘paytirish to‘g‘risida so‘z ochiladir. Guv-guv, g‘ovur-g‘uvur gap, so‘z! Oxirda qamchisini o‘ynata-o‘ynata aravakash keladir-da: Qani mullakalar, kech kirdi, endi asta-sekin jo‘nashib qolsakmi ekan? Aravani qo‘shib qo‘ydim – deydir. Qo‘zg‘alamiz. Aravaga tushub, alvon ranglik, keng talaning bag‘ridan qaytib o‘tib ketar ekan: Sami’, qishloqqa chiqish nima bo‘ldi? Darrov esingdan chiqdimi? – dedi. Bu safar aftini jiddiylashtirdi. Ko‘zlarida yangi tilaklar qo‘zg‘alg‘anday bo‘ldi. Bir narsaga niyat qilmoqchi bo‘lg‘an kishiday – xayol ko‘zlarini yiroqlarg‘a tashlab turib: Shahardan qishloqqa! Bu so‘zning qanday zo‘r tilaklarga tilmoch bo‘lg‘anini o‘zum ham tushunib qoldim. Rost aytasan: shahardan qishloqqa! – dedi. Kun bizdan yuz-yuz ellik qadam yiroqliqda turg‘an adirchaning hazilakam o‘yundak kichkina, “burdi yo‘q” cho‘qqilari ustidan asta-sekin pastga qarab, shahar ustiga yumlanib boradir. Uning so‘ng shu’lalari adir ustidagi uch-to‘rt tup “zarang” daraxtlarining shoxlarida, xushyoqmas, erinchak bolalardek erkalanib, cho‘zilib, yoyilib yotadir… II Bu safar biz uch otliq – chang yo‘lda ot chopishib boramiz. Kun endigina adirlarni tirmashib keladir. Uning ertalabki gudak tig‘lari – go‘rustonning “besh panja” suratlik alam yog‘ochig‘a kelib tushgan; chirib, zang bosib, rangi ham bilinmay ketgan mis panjaralarni yiltillatishga tirishadir… Qishloq yaqin. Daraxtlari ko‘rina boshladi. Ko‘prukni o‘tsak – qishloqning talalarig‘a kiramiz. Ey-y-y… shu kichkina soyg‘a ham ko‘pruk yemishmi? Suvdan kechaberamiz! – dedi bittasi. Biz indamadik. Ko‘prukka yetmasdan turib soyning kichigi kelib qoldi. Indamasdan otni burub, soyg‘a tushdik. Onlar ham, suvga tushkanlariga xursand bo‘ldilar, tanlariga sovuq suv tegib xush yoqdi shekilik, soyning chuqurroq yerlariga sura boshladilar. Biz ham qo‘yib berdik… Talalardan o‘tub boramiz. Gʻo‘zaning ikkinchi chopiq vaqti. Mardikorlar hali talag‘a chiqmag‘anlar. Bir vaqt bitta sherigimiz: Ana, ana! – deb baqirdi. Qaradik. Naridan-tegrasi tut bilan o‘ralg‘an ekinlik yerda peshonasiga ro‘molchani eshib bog‘lang‘an yalangg‘och boshliq birov hadeb ketman chopib yotadur. Yaqinroq borib, hammamiz birdan: Xormang yigit! – dedik. Yigit ilgari bir martaba qarab oldi, ketmanini sekingina yerga qo‘yub jo‘yaklar orasidan yurib – yonimizg‘a keldi. Sayfidin hazillashib turib, u yigitni bizga tanitdi: Mana bu dehqon yigit, shaharni tashlab qishloqqa ko‘chkan o‘zimizning eski bir birodarimiz! Ismi sharifini bilmayman… Sami’jon kuldi, eshib bog‘lang‘an ro‘molchasini boshidan olib turib: Sarast, shaharingizning tor va siqiq ko‘chalaridan, cheklangan va bo‘g‘uq ma’volaridan qochib – mana shu keng talalarg‘a chiqqan biz kamina bandangiz! – dedi. O‘zimiz, Sami’jonni ko‘rub, bir oz gaplashgach qaytmoqchi edik. U qo‘ymadi. Yo‘q, yo‘q… sen ishdan qolasan, Sami’! Hozir, ayni g‘o‘za chopiq vaqti, bir kuning ham g‘animat! – dedik. Yo‘q… bu bahonangiz o‘tmaydir. Ko‘nmang qancha qiymatligini sizdan ortiq bilaman. Ertaga hashar chaqirg‘anmen, hozirliklarim joyida. Kechkacha shu yerda qolamiz, gaplashamiz, baliq ovlashamiz. Kechlatib shaharga tushub ketasiz! – dedi. Qoldik, gaplashdik. O‘ynashdik. Baliq ovlashdik. Sami’jonning qishloqqa ko‘chkaniga nihoyati bir yarim yil bo‘ldi. O‘tkan qish – qishloqda ikki sinflik, yaxshi maktab davom etkan. Qishloq xalqi Sami’jondan xursand. Qishning uzun kechalarida tukma-kapalarda turluk gazetalar, dunyo ahvolini bildiraturg‘an kitoblar o‘qulg‘an. Ayniqsa, yerni qanday semirtish va serhosil qilish to‘g‘risida Sami’jonning gapirgan gaplari qishloq xalqini hali ham o‘ylatar ekan! Ba’zi bir xil dehqonchiliq moshinalarini qishloqqa olib borish uchun Sami’jonning harakati bor. Hammadan shunisi qiziq: qishloq xalqi oliq-soliq to‘g‘rilarida Sami’jonni shu qadar ishlatadirki, bechora yigit “bepul va charchamas zakunchi” bo‘lub qolg‘an! Shunga o‘zi ham – o‘lgudak xursand. Sami’jon, ba’zida o‘z qishlog‘i to‘g‘risida gap qo‘zg‘alib qolsa, bir muncha reja va chiziqlarni aytib beradir-da, orqasidan tugal ishonch bilan: Yana besh yildan so‘ng qishloqni bir ko‘ring. Yana o‘n yildan so‘ng ko‘rsangiz tanimaysiz! – deb qo‘yadur. Kech. Gʻira-shira vaqti. Shaharga yaqinlashdik. Orqamizda keng tala, erkin qirlar qolib ketdi, oldimizda: qing‘ir, tor ko‘chalari va siqiq, bo‘lg‘ulg‘an iqlimi bilan bir siqim bo‘lib shahar yotadir. Yiroqdan, qorayib ko‘runishi – kiyimga tushgan qora dog‘, yo chopong‘a soling‘an dumaloq bir yamoqcha o‘xshaydir… Kun, boshini bir ketib oldi, yolg‘uz, uning o‘yung‘a to‘ymag‘an yosh bolalari – qizil kiyimlik shu’lachalar, daraxtlarning shoxlarida barglar bilan o‘ynashib qoldilar. Shom bo‘lib qolsa ham, o‘yundan ko‘ngil o‘zolmag‘an bolalardek – onalari boshqa dunyolarg‘a yo‘rg‘alab ketsa ham, berigi dunyodag‘i ko‘m-ko‘k bargchalar bilan o‘ynashib qolg‘an shu qizil guldak bolalar, haqiqatan, qanday chiroyliq!… O‘sha go‘dakchalardan ko‘zini ololmasdan tez-tez orqasig‘a qarab kelayotg‘an Sayfidin, o‘sha go‘dakchalar tomonida qolib ketkan qishloqlarni o‘ylab turib chuqur bir “oh” tortadir-da: Eslik o‘rtoqlar biz shahardan qishloqqa chiqib yotqanda, biz esi yo‘qlar yana shu tor iqlimli shaharga kirib kelamiz! – deydir… Shaharni yoritish ishlari Shaharni elektrik bilan yoritish ishlari mundan 10 – 15 yillar burun boshlang‘an edi. U vaqtda xususiy bir shirkat tomonidan Yangi shaharga mukammal bir elektrik istansiyasi solinib, uning bilan Eski shaharni ham yorutish mumkin bo‘lmag‘anlig‘i bilingandan keyin Eski shahar uchun ham alohida kuchlik bir istansiya solg‘an edi. Inqilobning buzg‘uchi davrlarida va bosmachilar egaligi vaqtida Eski shahar istansiyasi tamom buzulib esdan chiqdi. Uning xishtdan yasalg‘an binosi hozir bir ombor vazifasini o‘tab turubdur. Yangi shahardagi istansiya bo‘lsa hozir ham bor. Yaqin vaqtqa qadar muzofot iqtisod sho‘rosi qaramog‘ida bo‘lg‘an bu stansa yaqinda mahalliy ijroqum qaramog‘ig‘a o‘tdi. Mahalliy ijroqo‘m ham uni istismor (eksploatasiya) qilmoq uchun baladiya shoʻbasiga topshirdi. O‘lkamizdagi baladiya shoʻbalari aksariyat e’tibori bilan “nokdek”… Bularning muqaddaroti – “mahalliy mablag‘” degan chigal narsaga elitib qolg‘an. Ayniqsa, bizning xarob Farg‘onamizning vayron shaharlaridan bo‘laturg‘an unum ham ma’lum. Har holda, elektrik istansiyasining shahar qo‘lig‘a ko‘chishidan ancha umid bor. Ismi ulug‘ “Muzofot iqtisod sho‘rosi” istansiyaning kamchiliklarini to‘ldurush xususida hech narsa qilg‘ani yo‘q. Shaharning o‘zida turub uning hamma kam-ko‘stidan xabardor bo‘lub turg‘an bir idoraning qo‘lida, ehtimol, o‘ngg‘arilib ketsa… Ijroqo‘m hozir eski shahardagi buzulib ketkan paxta zavutlarining bittasini suv bilan yuraturg‘an elektrik istansiyasiga aylantirmakchidur. Zavutni paxtaqo‘mdan so‘rab olish uchun rasmiy murojaatlar qiling‘an, xarajatga kirmaklik mablag‘ ham qidirilib turubdur. Ijroqo‘m bu ishga jiddiy kirishkan. Agar bu maqsad yuzaga chiqa qolsa, Eski shaharni yorug‘ bilan juda arzon ta’min qilmoq mumkin. Elektrik istansiyalarda ko‘p xarajat yer yog‘i (neft)g‘a ketadir. Shu bilan bo‘lg‘an vaqtida shu ulgurji xarajatdan qutulungan bo‘lunadur. Andijon ijroqo‘mig‘a ishda muvaffaqiyat va, shu bilan birga, azm va matonat tilaymiz. Sharq uyg‘ongan Ovrupa boylari Gʻarb jahongirlari Sharq ellariga chang solg‘an vaqtlarida «madaniyat kirgizamiz!» degan shior bilan maydonga chiqarlar edi. Jahongirlar qo‘lig‘a o‘tgan Sharq o‘lkalarining hammasi aslida shu bahona bilan qo‘lg‘a kirgizilgan. Olayliq Hindistonni, olayliq Misrni, olayliq Tunis, al-Jazoir, Fors, Sudan, Tarablisni olayliq – nihoyat manavi – jahon urushidan so‘ng bo‘linib oling‘an Arabiston (al-Jazira, Falastin, Suriya)ni. Bizning Turkiston ham podshohlar, generallar, oq suyaklar Rusiyasi tomonidan oling‘andan shu bahona o‘rtog‘a tashlang‘an edi. Bu da’voni Gʻarb jahongirlari hali ham juda jiddiyat va ohlash bilan tatbiq qilib turalar. «Mandat» bilan idora etilgan o‘lkalar (al-Jazira, Falastin, Suriya), «madaniyat tashig‘uchi» bo‘lub kelgan mehmonlarni qanday qilib haydashni bilmaydilar. Gazetamizning bu sonida al-Jazoira (Iroq)dan Erong‘a qochib kelgan arab mujahidlarining 3 nchi baynalmilalga yozg‘an xatlari va ul xatga baynalmilal raisining qaytarg‘an javobi bosiladir. Ul xat bilan 3 nchi baynalmilaldan ko‘mak so‘rag‘an arab vakillari, «madaniyat kirgizguchi» inglizlarning zulm va jabridan qochib yurgan xalq vakillaridir. Asl xalq vakillari, tub yurt egalari boshqa yurtlarda qochib yurmoqqa majbur bo‘lung‘an vaqtlarda ingliz boylari muhtasham ziyoratlarda Sharqda o‘rnashtirib yotqan «madaniyatlari»dan maqtanib bahs eytmaylarmi ekan? Etalar: har kun har joyda, har bir o‘ngg‘ay joyi kelganda aytalar maqtanalar. Ishchi-dehqon manfaatiga qarshi qo‘zg‘alg‘an teskarichi bir po‘pni sho‘rolar mahkamasi o‘lim jazosiga hukm qilib edi. «Lo‘ndo‘ndan: «bu qanday gap? Yovvoyiliq-ku! Madaniyatga qarshi harakat-ku!»degan qattig‘ faryodlar eshitildi. Holbuki, yurtlariga istiqlol uchun va erk istagan minglarcha inqilobchilar Misr zindonlariga to‘ldurilg‘an choqda bu to‘g‘rida na Lo‘ndo‘n, na Parijdan bir tovush, bir sharpa yo‘q. Hindiston zindonlarida yotqan siyosiy ma’yublarning soni 40 000 ga yaqinlashib borar. Hindistonning Xourixora degan joyida po‘lisa zulmiga qarshi qo‘zg‘alg‘an 5000 kishilik bu qishloq xalqidan 228 kishi qamoqqa olinadur. O‘tgan yanvar oyida bularning 172 tasi o‘lim jazosiga hukm qilinib, 6 tasi zindonning o‘zida turlik yo‘llar bilan o‘ldiriladur. Panjob, Oqxoli, Saqxof degan yerlarda ingliz molini olmay qo‘yg‘an dehqonlardan 5603 kishi qamoqqa olinadir. Bularning tub ayblari ingliz molini olmasliq: lekin, «qonun yuzasidan» qo‘yilg‘an ayb – qonunni buzush va o‘g‘riliq qilish berilgan. Hozir olti oydan 2 yilgacha zindon- bir zindondan ikinchi bir zindong‘a ko‘chirilaturg‘an Hindiston dehqonlaridan 70 kishi yo‘lda – yuk vag‘o‘nida bo‘g‘ulub o‘lganlar. Bunday voqealarning haddi hisobi yo‘q. Bu to‘g‘rida Lo‘ndo‘n «ozodalari», Parij «oliftalari» hech narsa bilmaylar. Yoki bilsalar-da sirni boy bermaylar. Faqat, u qonhurlar bir daf’a tushunsun, esga olsunlarkim, Sharq endi ilgarigi Sharq emasdur. Sharq bu kun inqilobchi Turkiyadan o‘rnak olg‘an. Rusiya mehnatkash-dehqonlari bilan qo‘l berishgan, butun egri-qingg‘irni onglag‘an, ko‘z ochqan, uyg‘ong‘an Sharqdir!.. Sho‘rolar hukumati va sanoye nafisa Sanoye nafisa degan so‘zni onglag‘uvchilar bizning oramizda ham ko‘payib qoldi. Ilgari oddiy bir tomosha (teatr)ni ham tushunmagan, dram bilan kulguni ajrata olmag‘on xalq hozir sanoye nafisaning xuddi o‘ziga ham tushunib keladir. Ishning o‘zi ham shundog‘ bo‘lmog‘i kerak edi; chunki mehnatkash, qo‘li qabarg‘onlar hokimiyati bo‘lg‘on sho‘rolar tartibining yuzaga chiqishiga bugun 3 yil bo‘ladir. 3 yildirki, ezilganlar ezganlar ustida, mahkumlar hokimlar tepasida hukumat so‘ralar. 3 yildirki, ishchi va dehqonlar yer yuzining xiyla zo‘r bir bo‘limida o‘z egaliklarini qurub, o‘zini bo‘g‘moq uchun kelgan yovlar bilan dam olmasdan yoqalashalar. Qonlar to‘kula, jonlar keta, o‘limlar qaynaydir. Bu holda go‘yo hech bir og‘iz yoyib kulishlik mumkin emas kabidir. Go‘yo har narsa yolg‘iz motam, yolg‘iz qon, yolg‘iz achchig‘ va g‘azabdan iboratdir. Bu hollarni biz tarixda o‘qug‘on bo‘lsak, o‘ylar edikkim, ul davrda qahru g‘azabdan boshqa narsa bo‘lmagandir. O‘yun-kulgi degan narsani kishilar unutqonlardir, deb… Lokin bu o‘zgarish, bu 3 yildan beri bo‘lib kelayotqon talash, kurash bir tarafda bo‘lib yotadir. Qonlar to‘kilib, jonlar beriladir. Biroq ikkinchi tarafda kulalar, o‘ynaylar, shodlanalar. Ko‘ngil ochalar, ham shunday bir o‘yin-kulgikim, tarix muning singarisini sira ko‘rgani yo‘q. Necha ming yillardan beri bo‘lub kelgan eski dunyoni og‘darmoq, yangi dunyo tuzib, oni tamom boshqa bir rangga bo‘yamoq ishi tobshirilg‘on o‘zgarishchilar turmushning har bir juz’ida, har bir bo‘lagida harakat qilalar. Turmushning har yog‘in, har tarafini o‘zgartalar. Shul o‘zgarishlar ichiga o‘yin-kulgi ham kirub qoladir. Ilgari ham o‘ynab kulganlar. Biroq bu kundagidan boshqacharoq bir yo‘lda. Sanoye nafisa eski zamonda boylar, podshohlar saltanati zamonida ham bor edi. Bor edigina emas, juda yuksalgan, avjiga chiqqon edi. Yaqin zamonlardag‘ina tug‘ilg‘on sanoye nafisani burjuaziya xayolchilari juda noziklashdirganlar, xayoliylashdirganlar edi. Butun umrini ishlamay bekor o‘tkazaturg‘on boylar, boybachchalar, to‘ra bolalari, xon, xonzodalar bekorchilikdan zerikmas uchun sanoye nafisaga berilalar; cholg‘u chalalar, o‘ying‘a tushalar, sevgi she’rlari to‘qiylar, o‘qiylar edi. Bularning ustiga, katta shaharlarda bir emas, 5—6 bizning «Kolezey»day teatrlari bo‘lar, shularda pul bilan, oltun bilan san’atni sotub olub (yaxshiroq tushuningiz: san’atni sotib olub!) zavqlanurlar edi. Qisqasi sanoye nafisa eski dunyoda bir qism xalqning zavqi, aysh va ishrati uchun ishlayturg‘on bir narsa edi. Unga yuragida, ko‘nglida bir sevgi, bir intiluv sezib, berilgan qancha past sinf, tuban qism, el bolalari o‘sha boy va boybachchalarni zavqlandirish yo‘lida vaqtsiz jon berdilar. Qurbon bo‘ldilar, jinni bo‘lg‘on cholg‘ichilar, varam (sil kasali)ning achchig‘ panjasiga tushgan mumassil artist va mumassila artistkalar sanog‘sizdir. Endi bu yoqg‘a, yangi dunyog‘a, mehnatkash va ezilganlar olamiga ko‘z solsak, o‘sha sanoye nafisa, ingichka hunarni tag‘in ko‘ramiz. Biroq munda ko‘bgina boshqaliq bor. Teatr-tomoshalar bor, lokin ular ilgarigiday birgina boy bolalari, boylar va to‘razodalarning kayfi, lazzati uchun emas, butun el, butun xalq, hamma ishdan bo‘shag‘och ko‘ngil ochmoqchi bo‘lg‘onlar uchundir. Sahna bu dunyoda yuqori sinflarning tumtaroqli turmushlarini ko‘rsatmaydi emas, ko‘rsatadi, biroq shul turmushning achchig‘ va jirqantiraturg‘on hidini tomoshachilarg‘a hidlatmak uchun ko‘rsatadi. Cholg‘ining qillari yana boyog‘iday chertilib turur, biroq boylar kayfi uchun o‘ynag‘onig‘a yig‘lab emas, charchag‘on xalqning ko‘nglini ochqoni uchun sevinib, ezilgan xalqqa eziluv davrlarini eslatmak uchun yig‘lab chertilur. She’r ham, ashula, qo‘shiqlar ham yozilurlar. Biroq boylarni, ularning xayoliy saroylarini maqtab emas, ochiq, tortinuvsiz ravishda ko‘nglidagini aytmak, elning o‘z turmushini o‘ziga ingichka qilib ko‘rsatmoq uchun yozilur. Mehnatkashlar sanoye nafisasi kengdir, munda burjuaziya taqlidchiligi yo‘qdir; unda o‘zidan chiqaruv, o‘zidan sochuv bordir. Uning yo‘li kengdir. Sanoye nafisa bu dunyo va shahar uchungina emas, mana shu yer, sho‘rolar idorasining eng ulug‘ xosiyatidir. Sanoye nafisa o‘zini tug‘diruvda ko‘b ro‘l o‘ynayturg‘on qishloq va qishloq mehnatchilari uchun ko‘b ishlagusidir. Biroq bu kungacha tegishincha bo‘la olmag‘on ekan, bunga 3 yilliq turmushning talashuv, kurashuv va g‘avg‘olar ichida o‘tuvi sababchidir. Hozir bir Turkistonda, Turkistonning Toshkand shahridagi ishlarni ko‘z oldiga keltirganda ham, Sho‘rolarning sanoye nafisaga qanday zo‘r ahamiyat bilan karag‘onliqlarini ko‘rmak mumkindir. Tuzukkina bir truppasi bo‘lmag‘on eski Toshkand bukun yaxshi bir yaxshig‘ina ikki truppaga molikdir. Rasmiy bir totor truppa ukrainali, yohudiy, ozarbayjonlilar ham birar yuvarak, birar to‘n bo‘lindiralar. Mundan so‘ng tag‘inda yaxshilantirmoq uchun hozirgacha ba’zi joylarda teatr ishlarining boshig‘a chiqib ko‘b ishlarga qarshiliq va zarar qilib turg‘on eski dunyo «yo‘g‘onlari» bilan kurash boradir; shularning natijasi Turkistonda sanoye nafisani ham eng yuqori darajaga ko‘targusidir. Sho‘rolar hukumati, ishchilar egaligi — sanoye nafisaning eng suyukli, muhtaram bobosidir. Ul boboning tarbiyasi sanoye nafisani osmonlarg‘a chiqarg‘usidir, biroq jabr yo‘li bilan emas, ishq beriluv va sevgi yo‘li bilandir. Sho‘rolar sanoye nafisa ila Sharqni qul emas, hur qplg‘usidir. Sharq sanoye nafisasi kelgusida G‘arbniki bilan bir bo‘lg‘on holda o‘zining ishchi bolalarining ko‘ngillarini ochub, ruhlarini yuksaltirg‘usidir. Sho‘rolar hukumati va sanoyi nafisa Sanoye nafisa degan so‘zni onglag‘uchilar bizning oramizda ham ko‘payib qoldi. Ilgari oddiy bir tomosha (teatr)ni ham tushunmagan, dram bilan kulguni ajrata olmag‘an xalq hozir sanoye nafisaning xuddi o‘ziga ham tushunib keladir. Ishning o‘zi ham shundog‘ bo‘lmog‘i kerak edi; chunki mehnatkash, qo‘li qabarg‘anlar hokimiyati bo‘lg‘an sho‘rolar tartibining yuzaga chiqishiga bugun 3 yil bo‘ladir. 3 yildirki, ezilganlar ezganlar ustida, mahkumlar hokimlar tepasida hukumat so‘ralar. 3 yildirki, ishchi va dehqonlar yer yuzining xiyla zo‘r bir bo‘limida o‘z egaliklarini qurub, o‘zini bo‘g‘moq uchun kelgan yovlar bilan dam olmasdan yoqalashalar. Qonlar to‘kula, jonlar keta, o‘limlar qaynaydir. Bu holda go‘yo hech bir og‘iz yoyib kulishlik mumkin emas kabidir. Go‘yo har narsa yolg‘iz motam, yolg‘iz qon, yolg‘iz achchig‘ va g‘azabdan iboratdir. Bu hollarni biz tarixda o‘qug‘an bo‘lsak, o‘ylar edikkim, ul davrda qahru g‘azabdan boshqa narsa bo‘lmagandir. O‘yun-kulgi degan narsani kishilar unutqonlardir, deb… Lokin bu o‘zgarish, bu 3 yildan beri bo‘lib kelayotqan talash, kurash bir tarafda bo‘lib yotadir. Qonlar to‘kilib, jonlar beriladir. Biroq ikkinchi tarafda kulalar, o‘ynaylar, shodlanalar. Qo‘ngil ochalar, ham shunday bir o‘yin-kulgikim, tarix muning singarisini sira ko‘rgani yo‘q. Necha ming yillardan beri bo‘lub kelgan eski dunyoni og‘darmoq, yangi dunyo tuzib, oni tamom boshqa bir rangga bo‘yamoq ishi tobshirilg‘an o‘zgarishchilar turmushning har bir juz’ida, har bir bo‘lagida harakat qilalar. Turmushning har yog‘in, har tarafini o‘zgartalar. Shul o‘zgarishlar ichiga o‘yin-kulgi ham kirub qoladir. Ilgari ham o‘ynab kulganlar. Biroq bu kundagidan boshqacharoq bir yo‘lda. Sanoye nafisa eski zamonda boylar, podshohlar saltanati zamonida ham bor edi. Bor edigina emas, juda yuksalgan, avjiga chiqqan edi. Yaqin zamonlardag‘ina tug‘ilg‘an sanoye nafisani burjuaziya xayolchilari juda noziklashdirganlar, xayoliylashdirganlar edi. Butun umrini ishlamay bekor o‘tkazaturg‘an boylar, boybachchalar, to‘ra bolalari, xon, xonzodalar bekorchilikdan zerikmas uchun sanoye nafisaga berilalar; cholg‘i chalalar, o‘yinga tushalar, sevgi she’rlari to‘qiylar, o‘qiylar edi. Bularning ustiga, katta shaharlarda bir emas, 5-6 bizning “Kolizey”day teatrlari bo‘lar, shularda pul bilan, oltun bilan san’atni sotub olub (yaxshiroq tushuningiz: san’atni sotib olub!) zavqlanurlar edi. Qisqasi sanoye nafisa eski dunyoda bir qism xalqning zavqi, aysh va ishrati uchun ishlayturg‘an bir narsa edi. Unga yuragida, ko‘nglida bir sevgi, bir intiluv sezib, berilgan qancha past sinf, tuban qism, el bolalari o‘sha boy va boybachchalarni zavqlandirish yo‘lida vaqtsiz jon berdilar. Qurbon bo‘ldilar, jinni bo‘lg‘an cholg‘uchilar, varam (sil kasali)ning achchig‘ panjasiga tushgan mumassil artist va mumassila artistkalar sanog‘sizdir. Endi bu yoqg‘a, yangi dunyog‘a, mehnatkash va ezilganlar olamiga ko‘z solsak, o‘sha sanoye nafisa, ingichka hunarni tag‘in ko‘ramiz. Biroq munda ko‘bgina boshqaliq bor. Teatr-tomoshalar bor, lokin ular ilgarigiday birgina boy bolalari, boylar va to‘razodalarning kayfi, lazzati uchun emas, butun el, butun xalq, hamma ishdan bo‘shag‘ach ko‘ngil ochmoqchi bo‘lg‘anlar uchundir. Sahna bu dunyoda yuqori sinflarning tumtaroqli turmushlarini ko‘rsatmaydi emas, ko‘rsatadi, biroq shul turmushning achchig‘ va jirkantiraturg‘an hidini tomoshachilarg‘a hidlatmak uchun ko‘rsatadi. Cholg‘ining qillari yana boyag‘iday chertilib turur, biroq boylar qayfi uchun o‘ynag‘anig‘a yig‘lab emas, charchag‘an xalqning ko‘nglini ochqani uchun sevinib, ezilgan xalqqa eziluv davrlarini eslatmak uchun yig‘lab chertilur. She’r ham, ashula, qo‘shiqlar ham yozilurlar. Biroq boylarni, ularning xayoliy saroylarini maqtab emas, ochiq, tortinuvsiz ravishda ko‘nglidagini aytmak, elning o‘z turmushini o‘ziga ingichka qilib ko‘rsatmoq uchun yozilur. Mehnatkashlar sanoye nafisasi kengdir, munda burjuaziya taqlidchiligi yo‘qdir; unda o‘zidan chiqaruv, o‘zidan sochuv bordir. Uning yo‘li kengdir. Sanoye nafisa bu dunyo va shahar uchungina emas, mana shu yer, sho‘rolar idorasining eng ulug‘ xosiyatidir. Sanoye nafisa o‘zini tug‘diruvda ko‘b ro‘l o‘ynayturg‘an qishloq va qishloq mehnatchilari uchun ko‘b ishlagusidir. Biroq bu kungacha tegishincha bo‘la olmag‘an ekan, bunga 3 yilliq turmushning talashuv, kurashuv va g‘avg‘olar ichida o‘tuvi sababchidir. Hozir bir Turkistonda, Turkistonning Toshkand shahridagi ishlarni ko‘z oldiga keltirganda ham, sho‘rolarning sanoye nafisaga qanday zo‘r ahamiyat bilan qarag‘anliqlarini ko‘rmak mumkindir. Tuzukkina bir truppasi bo‘lmag‘an eski Toshkand bukun yaxshi bir yaxshig‘ina ikki truppaga molikdir. Rasmiy bir totor truppa ukrainali, yohudiy, ozarbayjonlilar ham birar tevarak, birar to‘n bo‘lindiralar. Mundan so‘ng tag‘inda yaxshilantirmoq uchun hozirgacha ba’zi joylarda teatr ishlarining boshig‘a chiqib ko‘b ishlarga qarshiliq va zarar qilib turg‘an eski dunyo “yo‘g‘anlari” bilan kurash boradir; shularning natijasi Turkistonda sanoye nafisani ham eng yuqori darajaga ko‘targusidir. Sho‘rolar hukumati, ishchilar egaligi – sanoye nafisaning eng suyukli, muhtaram bobosidir. Ul boboning tarbiyasi sanoye nafisani osmonlarg‘a chiqarg‘usidir, biroq jabr yo‘li bilan emas, ishq beriluv va sevgi yo‘li bilandir. Sho‘rolar sanoye nafisa ila Sharqni qul emas, hur qilg‘usidir. Sharq sanoye nafisasi kelgusida Gʻarbniki bilan bir bo‘lg‘an holda o‘zining ishchi bolalarining ko‘ngillarini ochub, ruhlarini yuksaltirg‘usidir. Sog‘liqni saqlash ishlari Ijroqo‘mning so‘ng majlislaridan birida sog‘liqni saqlash shoʻbasining ma’ruzasi eshitildi. Shaharda: sog‘liqni saqlash ishlari bu yil burung‘ig‘a qarag‘anda juda tuban bo‘lsa ham qishloq va ovullarg‘a qarag‘anda durust ekan. Bir muncha kamchiliklari bilan birga bir kasalxona, 2 muolajaxona (ambulatoriya), 2 doruxonasi bor. Do‘qturlar ham yo‘q emas, bor. Ko‘z og‘rig‘i, quloq-tomoq kasallari uchun usta do‘qturlar bo‘lsa ham, boshqa kasallarniki bor. Bittagina bo‘lsa-da xotun do‘qtur ham bor va hokazo. Endi “qaychi”ning narigi tarafiga kelaylik; rayonlarning ahvoli juda yomon. Ba’zi bir rayonlarda kasalxona bor (Jalolobod), ba’zilarida muolaja xona bor. Ba’zilarida hech narsa yo‘q. Kasalxona, muolajaxona, do‘qtur, felder kabi narsalarni eshitmagan ikki bechora rayon bor: Izboskent, Haqqulobod; bular shahardan allaqancha uzoq, temir yo‘l yo‘q. So‘ng yillarda har xil kasallar ham ko‘bgina. Ijroqo‘m shu hollarni ko‘zda tutub sog‘liqni saqlash shoʻbasig‘a qattig‘ buyruq berdikim, Jalolobod rayonidagi 3 shifoxonadan bittasini Izboskent va bittasini Haqqulobod rayoniga ko‘chirish chorasiga kirishsun. Sug‘orish ishlari Hukumatning ortiq darajada ahamiyat bergan bir narsasi – sug‘orish ishlari. Muni hamma biladi desak xato bo‘lmas. Turkiston jumhuriyatining budjetidagi ulgurji raqamlarning oldini ham shu sug‘orish raqamlari bo‘lsa kerak. Gazetalarda, sug‘orish ishlar ishlari uchun chiqarilgan mablag‘lar juda ulgurji uchraydur. Lokin, ul mablag‘laprning sarf etilishida qing‘irliq demayik, nobajolik, isrof, ortiqcha sarflar ko‘b bo‘lg‘anligini ko‘rsatib ketmak lozim. Bu masalaning juda qichiq joyi. Shu xususda bizning uyezda bo‘lg‘an bir ishni yozub o‘tmakchi bo‘laman: Andijon atrofining suv idorasi, yaqinda shahar va uyezdagi hamma orig‘ oqsoqollarining ro‘yhatini ko‘rub chiqmoq uchun ijroqo‘mg‘a topshurg‘an. U ro‘yxat ijroqo‘mning majlisida qaralub chiqdi. Allaqancha gap-so‘z bo‘ldi, xo‘b tekshirildi. Natijada: shahar va atrofiga tayinlangan oqsoqollarning adad e’tibori bilan ko‘b bo‘lg‘anliqlari onglashildi. Masalan: Soy orig‘ig‘a bir emas, 2-3 oqsoqol tayinlangankim, buning suv bo‘lish ishida ko‘b zarari va o‘ngg‘aysizlig‘i ko‘rulsa mumkin. Bundan tashqari haligi oqsoqollarning ko‘bi mahalliy ijroqo‘mning fikr va xohishi olinmasdan turub, qo‘yilg‘an. Ijroqo‘m shu hollarni e’tiborg‘a olub turub qaror berdikim, mazkur oqsoqollarning ijroqo‘m bilan qamtu tayin qilinishlari to‘g‘risida muzofot ijroqo‘mig‘a murojaat qilinsun. Ijroqo‘mning qarori juda to‘g‘ri. Faqat, masalani umumiyroq qilib hal etishi uchun tegishlik idoralarning harakati lozim. Sug‘orish ishlari – Turkiston dehqonchilig‘ining joni, asosi. Shu jonni aylantirib turgan olat (apparat)ni tubjoy xalqg‘a yaqinlashtirmoq kerak. Ham: yaqinlashdirish gapda emas, ishda, amalda bo‘lushi lozim. Bilmadikkiim, bu to‘g‘rida markazimiz nimalapr qilg‘an va nimalar tushungan bo‘lsa? Mahallarni tanimasliq Yuqorida sug‘orish ishlaridagi chatoqliqlardan yozdim. U ishning ham tagida bir hol bordurkim, u-da – ba’zi bir markaziy idoralarning mahallar bilan hisoblashmasliqlari va mahallarga “bu ham odammi?” deganday qilib qarab, markazning mahallardan to‘plang‘anini, mahal uchun yashag‘onini bilmaganliklaridur. Andijon ijroqo‘mida shu to‘g‘rida ham bir masala ko‘ruldi. Ya’ni: muzofot va markazning ko‘b iqtisod idoralaridan ish uchun kelgan vakillar, ishlari to‘g‘risida mag‘halliy ijroqo‘mga xabar bermasdan mahaldagi qiladurg‘an ishlari to‘g‘risida mahalning hokim idorasini xabardor qilmasdan to‘ppa-to‘g‘ri tegishlik idoralapr bilan gaplashib ketaberar ekanlar. Bu holning to‘g‘ri emasligini ko‘zda tutub va ham mahalliy hukumatni o‘z qo‘l ostidag‘i hamma idoralarga yaqinlashtirib, bog‘lamoq maqsadi bilan ijroqo‘m, shul xususda chora ko‘rulushini so‘rab muzofotga murojaat qildi. Muzofot, mahallarning bu haqliq talabitga darhol “ho‘b” desa kerak. Tago‘r va tago‘rshunoslik TAGO‘RNI QANDAY TANIYLAR? Hindiston va balki butun dunyoning bu kungi ulug‘ adib va shoiri bo‘lg‘on Rabindranat Tago‘rni madaniy olamning hammasi taniydir. Madaniy olamga nisbatan ancha ketda bo‘lg‘on bugungi turk-totor sho‘ro jumhuriyatlari xalqlari ham uni anchadan beri taniydirlar. Mundan rosa 12 yil burun (1913 yilda) chiqqan «Sho‘ro» majmuasi dunyoda eng o‘tkur adibga berilaturg‘on No‘bil mukofotining hindistonli Tago‘r degan kishiga berilganini yozib chiqadi. Mundan 6—7 yil burun Qozon shahrida Sharqning ulug‘ shoirlari to‘g‘risida bir risola chiqdi, o‘sha risolachada — agar yanglishmasam — Umar Xayyom bilan birga Tago‘rdan ham gapirilgan va uning ba’zi bir parchalari tarjima qiling‘on edi. Bokuda chiqaturg‘on «Maorif va madaniyat» majmuasining mundan 2 yil burungi nusxalarida do‘qtur Sa’ditdin tomonidan Tago‘rning ba’zi bir narsalari sochma yo‘li bilan tarjuma qilindi va o‘zi to‘g‘risida biroz ma’lumot berildi. Bizning o‘zbek o‘qig‘uchilari esa mundan bir yilcha burun «Inqilob» majmuasining bir sonida maoli Tago‘rdan oling‘on «Chirog‘lar» degan she’rni o‘qudilar. Undan keyin mana bu majmuaning o‘tgan sonida kaminani Tago‘r to‘g‘risidagi mulohazasi bilan birga uning bolalarga atab yozg‘on she’rlarining sochma tarjimasini ko‘rdilar. Lekin, bizning o‘zbek o‘qig‘uchilari Tago‘rning kimligini, zotini va aslini hali bila olg‘onlari yo‘q; gazeta va majmualarning o‘z so‘zi bilan aytsak, o‘zbek tilida Tago‘rning «tarjumai holi» chiqqani yo‘q. Bu safargi musohabamiz o‘sha kamchilikni to‘ldirmoq niyatida yoziladir. Tago‘rning «tarjumai holi»ni topish ko‘p qiyin bir ish bo‘ldi. Nimaga desangiz, uning hamma asarlari degunday anglizcha orqali tarjuma qilinib necha marotabadan bosilib turg‘on o‘rus tilida tuzuk quruq bir «tarjumai holi» yo‘q. O‘ruscha kitoblarning bozori ham juda qiziq: bir Tago‘rning bir asari necha mutarjim tomonidan necha xil tarjuma qilinib, har nom bilan bosdirilib chiqarilardi. Chunonchi, uning kichkina adabiy hikoyalari eng avval o‘sha hikoyalardan bittasining nomi bilan — «Baxtli kecha» bo‘lib chiqdi, undan keyin hikoyalardan bitta-yarimtasi tushirilib o‘rniga bitta-yarimta yangisi qo‘shuldi-da, «Yangi hikoyalar» ismi bilan chiqdi, eng oxirida yana o‘sha hikoyalarning o‘zlari oralaridan bittasinig bo‘lakcha nomi bilan — «Tashna toshlar» bo‘lub chiqdi… Uning ba’zi bir pesalari ham o‘ruscha kitoblar bozoriga necha xil kiyim kiyib chiqdilar. Tago‘rning asarlari ustida bo‘lg‘on bu hangama uning o‘z to‘g‘risida yozilg‘on mulohazalar ustida ham bo‘lub keladilar. Chunonchi: Frantsiyada Tago‘r bilan Gandhini (Hind millatchilarining boshlig‘i edi, vafot etdi) sevgan bir adib bor, ismi Roman Rollan! Bu kishi Tago‘r bilan Gandhini parastish qilar darajada yaxshi ko‘radir. Uning «Mahatma Gandi» degan kitobi Gandhi bilan birga Tago‘rni ham osmonlarga kutarib yozilg‘on narsadir. Ana shu odam Tago‘rning fransuzcha bosdirilg‘on asarlari uchun uzungina bir muqaddima yozib bergankim, u ham boshdan-oyoq maqtash bilan to‘ladir. Ana o‘sha muqaddimani Tago‘rning o‘ruscha noshirlari «afandining qushi»day qiladilar. Ya’ni: bittasi u muqaddimani butun holida bosdiradir, boshqa bittasi uning bosh tomonidan birmuncha joyini olib qo‘yub yashiradir, yana bitta chiqib undan ham ko‘proq tushurib qoldiradir-da, bir «chimdim» qilib bosdiradir va hokazo!.. Bu to‘g‘rida yana bitta asl (originalni) misol keltiray: 92-nchi yilda Moskovda bosilg‘on qimmatbaho va juda yaxshi bir kitob bor, ismi: «Hindiston istiqlol uchun kurash yo‘lida». U kitob maqolalar majmuasiday bir narsa bulub Palo‘vich, Go‘rku-Krashin va Veltman kabi sharqiyot olimlari oralashqonlar. O‘shanda Veltmanning «Tago‘r va Hindiston» degan 26 sahifalik katta bir maqolasi bor. Xuddi o‘sha maqolaning o‘zi bosh-oyog‘i biroz qirqilgani holda mundan bir yarim-ikki oylar burun «O‘ttuz kun» (30 dney) degan oylik bir majmuada ham o‘rtog‘imiz Veltmanning imzosi bilan «Hind tasvirlari» (Indiyskiye silueti) sarlavhasi ostida bosilib chiqdi. Agar yanglishmasam, o‘sha mazmun va o‘sha mavhum mundan bir yilcha burun «Yangi Sharq» (Novыy Vostok) mamjuasida ham yana o‘sha imzo bilan o‘tub edi. Uzun so‘zning qisqasi shukim, Tago‘rning asarlari va o‘zi ustida bo‘lg‘on shuncha hangamalar orasida uning «Tarjumai holi»ni topish juda mushkul bo‘lda Hatto Tago‘rning o‘zi ham o‘z hayotiga oid yozg‘on «Xotiralar»ida bir adabiy hikoya boshlag‘onday silliq va tekis bir she’r boshlab ketadir-da, bizga lozim bulg‘on «tarjumai hol» qolaveradir. U «Xotiralar»ni boshdan-oyoq o‘qusak, Tago‘rning bolaligidan tortib sunggi vaqtig‘acha o‘tkazgan hamma sarguzashtini bilamiz, lekin qaysi yil tug‘ulg‘onini yana bilmay qolamiz. Tago‘rning «Tarjumai holi»ini tuzuk-kuruq topib yozg‘on kishi o‘ruslarning til-adabiyot olimlaridan Gruzinskiydir. Uning 1918 nchi yilda bosilg‘on asari bor. Tago‘rniig 3—4 asaridan terib oling‘och she’rlar o‘sha Gruzinskiy tomonidan o‘ruschaga tizma (nazm) bilan tarjuma qilinib bosdirilg‘onlar. Tarjuma tekis anglarlik, ravon, lekin ohangi va qofiya-vazn z’tibori bilan, albatta, asliga to‘g‘ri kelmaydir; buni mutarjimning o‘zi ham aytib o‘tadir. Ana o‘sha asarni, so‘ngra Tago‘rga oid o‘ruschada bosilg‘on boshqa ba’zi bir asarlarni dastak qilib turib bu safar men majmua o‘qig‘uvchilariga Tago‘rning «tarjimai hol»ini taqdim qilmoqchi bo‘ldim. TAGO‘R KIMDIR 1913 nchi yilgacha na Ovro‘po va na Rusiya, darhaqiqat, Tago‘r to‘g‘risida hech narsa bilmaydir, uni taqir ganimaydir. Hindistonni hokima va u yerga «madaniyat kirgizuvchi» bo‘lg‘on anglizlar uning to‘g‘risida hammadan ko‘b va hammadan burun, hattoki Hindiston bilan bab-barobar bilishlari lozim edi. Holanki anglizlarcha «Muhit ul maorif» (entsiklopediya)ning 1911 nchi yilgi bosmaxonasida ham Tago‘r to‘g‘risida hech narsa yo‘q. O‘sha «zo‘r» asarning «t» bobini boshdan-oyoq qarab chiqing, Hindistonning til va adabiyoti to‘g‘risida yozilg‘on juda ko‘b maqolalarni o‘qub chiqing yana Tago‘r to‘g‘risida hech narsa topa olmaysiz. Holbuki, Tago‘rning she’r maydonida ishlay boshlog‘oniga o‘sha vaqtda 30 yil bo‘lg‘on va u o‘z vatanida ulug‘ shuhratga ega edi. Ovrupo uni birinchi marotaba 1913 nchi yilda taniydir. U yilda uning «Gitanjoli» degan munojotlar majmuasining anglizcha tarjumasi bosilib chiqadir. U tarjimani Yaits nomli bir anglizning yordami bilan shoirning o‘zi qilg‘on. Asarga haligi aigliz bir muqaddima yozib, shoirni asarini osmonlarga ko‘taradir va hind shoiri to‘g‘risida ko‘pgina ma’lumot beradir. Anglizcha tarjumai hol majmualaridan bittasining 1915 nchi yilda bergan ma’lumotig‘a qarag‘onda, «Rabindranat Tago‘r» Kalkutta dorilfununining adabiyot do‘qtiridir. 1861 nchi yilning 6 mayida magarish (alloma) Dibindranat Tago‘rning sulbidan dunyog‘a kelgan Dorkanat Tago‘r degan shahzodaning nabirasidir. 1885 nchi yilda (24 yoshida) uylangan. Bir o‘g‘li va ikki qiz bor. Bangala viloyatida Bolpur shahrining yaqinida Shanti Nekiton degan joyda turadir. Bolalik va yoshligi Kalkuttada o‘tgan. 1901 nchi yilda «Shanti nekiton»da bir maktab ta’sis qildi, u maktab hozirga qadar uning hayotida katta bir ish bo‘lub keladir. 1912 nchi yilda Angliyani ziyorat qildi va «Gitonjoli» kitobchasi angliz tilida bosilib chiqdi. 1913 nchi yilda No‘bilning adabiyot mukofotini oldi. Bangala tilida 30 qadar tizma (she’rli) asarlar, 28 ta sochma asarlar (hikoya, maqola, nutq va dramalar) bostirib chiqardi. («Tago‘r» — anglizcha aytilishidir. Asl bangalcha hindchasi «k» bilan «Tako‘r»dir. Ch.) 1913 nchi yilda ham anglizcha tarjumai hol majmuasi mundan ortiq ma’lumot bermaydir. Tago‘r qadim naslli bir braxman oilasiga mansubdir. Uoila Kalkuttada «Tago‘r» nomli ko‘chada 150 yildan ko‘proq bir zamondan beri istiqomat qiladir. Tago‘rlar oilasi qadim zamonlardan beri Ovrupo bilan munosabat qilib, uning urfonini o‘rganib kelgan, Rabindranatning katta bobosi Dorkanat Angliya va Fransiyaga borib, o‘sha vaqtning qirollari (Viktoriya va Lui Filipplar) bilan ko‘rishgan. O‘z otasi «alloma» ma’nosida bo‘lg‘on «magarish» laqabi bilan laqablangan. O‘zining tarjumai holini yozg‘on va u asar anglizchaga tarjuma qilinib bosdirilg‘on. Uning bir birodari shuhratli rassom bo‘lib, hunarlari Angliyaning rasm ko‘rgazmalarita chiqadir. Yana bir birodari Surindrama Gun 1875 yilda Kalkuttada hind musiqasi to‘g‘risida anglizcha bir kitob bosdirtqon. Tago‘rning eng katta va Sharq ruhi bilan G‘arb asosini birlashtirgan asari «Shanti nekiton»da ochqon maktabidir. U maktab 1901 nchi yildan beri davom qiladir va o‘zi o‘rmonlar orasida, otasining yolg‘iz qolib o‘ylashni sevgan joyida ochilg‘ondir. Daraxtlar orasiga tomi maysa ko‘katlardan yopilg‘on olachiqlar (kapalar) tikilgan, ular — shogirdlarning yotoqxonalaridir; muallimlarning uylari ham o‘shanda, shogirdlarning adadi 200 ga yetadir. Maktab tamoman hind tarzidadir, o‘qitg‘uchi va o‘qig‘uvchilar — kiyim, yashash, urf-odat va anglash jihatidan asl hindilardir. Darslar ochiq havoda bo‘ladir. U maktabga Angliya hukumati moddiy yordam bermakchi bo‘lg‘onda Tago‘r rad qilg‘on va muning sababini shoirning o‘zi bir ziyoratchiga tinch bir jilmayish bilan jilmayib turub, mana munday ko‘rsatgan: «Ular mening bolalarimni iskamiya (kursi) larda o‘lturishqa majbur qilar edilar, mening fikrimcha ular daraxtlar ostida va bo‘yralar ustida o‘lturub o‘qusalar yana, yaxshiroqdir». Maktabda shu milliy xususiyatlardan boshqa bu kungi G‘arb maktablarining mehnat va muxtoriyat asosi ham tatbiq qilinadir. Chunonchi uy ishlarining hammasini — to kir yuvishgacha bolalarning o‘zlari qiladilar, ro‘zg‘or, xo‘jalik ishlarini bolalar orasidan saylang‘on qo‘mita bajaradir, maktab mudirini ham muallimlar o‘z oralaridan saylaylar. Tartib va intizomni kattalar sudi bilan kichiklar sudi amalga qo‘yadir va ikkalasi ham saylanib qo‘yiladir. Tago‘rga «o‘lim»ning zarbasi ham juda qattig‘ bo‘lg‘on. Shuning uchun uning asarlarida «o‘lim» to‘g‘risig‘a ko‘b uchratiladir. 1885 nchi yilda birodarining xotini o‘ladir; 1902 nchi yilda xotini, o‘g‘li va qizi o‘ladir; 1905 yilda kichik o‘g‘li va otasi o‘ladir. 1918 da yaia bir qizi o‘ladir. Tago‘rning she’rlari hammasi degunday kuyli, kuylari — xalq kuyi. Uning har bir she’ri o‘z kuyi bilan xalq orasida o‘quladir, u o‘z she’rlariga kuylar ham topadir, no‘ta ham yozadir. Bu ulug‘ kishi to‘g‘risida uzunroq yozishni birorta jiddiy asari o‘zbekcha chiqar vaqtqa qoldirib, bu safar uning bir ashulasini tizma yo‘li bilan tarjuma qilib beramiz (adabiyot bo‘lumida). Tarixning zararlik takarruri Dunyoning ketishi, turmushning oqishida shunday voqealar paydo bo‘ladirkim, u voqealarga o‘xshash hollar undan burun ham ko‘rulib o‘tadi. Ana shu vaqtlarda mahmadona, chechan kishilar chiqib «tarix takarrur qilayotir», deb shovqun-suron qilib yuboradilar. Men mahmadona ham emasman, chechan ham. Shovqun-suron qilmoq ham qo‘limdan kelmaydir. Men, o‘zing bilgan Farg‘onaning ba’zi bir ahvollarini, eski kotiblarning qalami qanday sekin yursa, shunday sekinlik bilan hovliqmasdan, shoshilmasdan sizga or qilib etmakchiman. Shu xolos. Farg‘onaning 1919 va 20-yillari esingizda bordir. Farg‘onada oqqon haqli va haqsiz qonlarning hidi Toshkent, Samarqandlarni emas, Moskva, Leningradni ham tutib ketdi. Shuncha qon to‘kilgan joyda, albatta, voqea emas, hodisalar bo‘lub turadir. Hodisa va voqealar shu qadar tez va shoshilishliq bilan yuz ko‘rsatadirlarkim, ularni tarix betlariga joylab qolmoq ham juda qiyin bo‘ladir. Farg‘onada ham shunday bo‘ldi. Kechagi voqealar bugun esdan chiqdi. Ertangi voqea oldida ilgari kungisi hech narsa bo‘lmay qoldi. Aqllar, hatto shu voqealarga guvoh bo‘laturg‘on bir tarix borlig‘ini o‘z doiralariga sig‘dira olmay qoldilar. Shunday vaqtda bizning buyuk bir hissiyotli adib va shoirimiz chiqib, o‘shal voqealarning hammasini adabiy tomosha, nafis pesa holida tarix betlariga naqsh qilib qolmoqchi bo‘ladir. Jur’atni, jasoratni qarang! Hamza Hakimzodaning 6—7 bo‘lakdan iborat valuolaliq (sensatsionniy) «Farg‘ona fojealari» ana o‘shal xovliqishning mevalari edi. Tomoshachi muarriximiz o‘z asarlarini o‘shal vaqtda «tarix uchun oddiy bir matiriyol» deb o‘ylagon emas. Hatto, muni da’vo qilib chiqqanlardan juda qattiq xafa bo‘lgon. «Farg‘ona fojealari» muallifining fikricha Shekspirning «Hamlet»» «Maqbet», «Ro‘meo‘ va Julet» larining o‘zbek va Farg‘ona muhitidan yetishganlarigina edi; shuning uchun unda yuksak mafkurali qizlar, yuqori tushunchali allaqanday Tal’at afandilar bor edi. O‘shal vaqtning ommasi xalqi ham qiziq. «Farg‘ona fojealari» dedimi, 5000 kishi sig‘aturg‘on keng sahnalarga ham odam liq to‘la bergan. Muni ko‘rgan muallif, «qimmatlik, «nafis» asarlarini keng Turkistonning u boshidan bu boshig‘acha ko‘tarib borib, o‘ynatib yurg‘an… Orag‘a «Chig‘atoy gurungi» degan bir jamiyat chiqib qoldi. U jamiyatga mansub kishilar tilni soddalashtirmak maqsadini asos qilib ushlaganlari holda, o‘zbek adabiyotining tugallanishiga ham katta ahamiyat berdilar. Tugallanadurgon adabiyot chin adabiyot bo‘lmog‘i kerak. Shuning uchun adabiy asarlarga haqiqiy qiymatini berib, adabiyot kira olmag‘on narsalarni shafqatsiz suratda maydondan hayday boshladilar. Ana shu harakatning zarbiga uchrag‘onlar orasida, Xurshid Sharafning «Kichik askar»i (o‘zicha: «Kuchuk askar») bilan birga bizning «Farg‘ona fojealari» ham bor edi. «Chig‘atoy gurungi» asosini mahkam qurg‘onlig‘i va chiziqni to‘g‘ri chizg‘onlig‘i uchun — o‘zi yo‘q ketsa ham o‘zbekning yangi adabiyotida yangi, porloq, sharaflik sahifalar ochdi va ochmoqda davom etadir. Lekin, quruq voqealarni ingichka, nozik adabiy yo‘l bilan ko‘rsatmak istagan «Farg‘ona fojealari» o‘shal vaqtlarning o‘shal vaqtdag‘i xabar (xronika) laridan boshqa narsa bo‘la olmadilar. Shuning uchun 20-yillardayoq motamsizgina ko‘muldilar. Tarixning takarrurimikan? Yaqinda Qo‘qon (Farg‘ona muzofotining poytaxti) shaharining ko‘chalarida bir xitobnoma qadar uzun, Buxorodag‘i «Anas» yoki «Ulug‘ Turkiston» gazetasining tilidek «qurama» bir e’lon o‘qudim. E’londa: bir-ikki soatlik muqaddima (to‘g‘risi, reqlam!) dan so‘ng «Farg‘ona fojealari»ning sahnaga qo‘yilg‘usi xabari berilgan. Hayron bo‘ldim, shoshdim. Nima uchun shoshding deysizmi? Bu dunyoda «o‘liklarning qaytadan tirilishiga» ishonmag‘onim uchun! Shu uchun hayron bo‘lib shoshqon edim, lokin «Rahimboyev» tiyotrining pardasi ochilib, «bosmachi» va «doshnoq» so‘zlari eshitilgandan so‘nggina «o‘liklarning tirilmagi mumkin bo‘lg‘onlig‘iga» ishondim. Pesadan gapirib o‘lturmayman. Pes va moxov qilib o‘ynolg‘onidan ham so‘z ochmayman. U kungi o‘ying‘a o‘shal o‘zingiz bilgan «atoqli aktrisa» Kuznetsova ham oralashg‘on edi. Ovrupo asarlarida bir ovrupoli qiz ro‘lini qanday o‘ynash lozim bo‘lsa bir o‘zbek qizi ro‘lini Farg‘ona sahnasida shunday o‘ynag‘on Kuznetsova u kun sahna oldig‘a chiqib gapirgan bir o‘rtoq tomonidan juda ko‘b maxtaldi. Shu joyni sizga bildirib o‘tmasam bo‘lmaydir. O‘zi oddiy bir xizmatchi bo‘lg‘oni holda, «Istambul dorilfununi muazzinlari»dek gapiraturg‘on bir doshnoq armani ro‘li ham bor. Bu ro‘lni o‘ynagan «Usta» artist arman-ozarbayjon tillarining xususiyatidan shu qadar xabarsiz ediki, o‘shal vaqt doshnoqlarining zulmlarini ko‘rsatmak bilan emas, tillarini buzub, masxara qilib gapirmak bilan ularning adabini bergan bo‘ldi… Barakalla, bu ham katta hunar! Men, u to‘g‘rida ko‘p gapirmoqchi emas edim. Ba’zi bir udur-budur yerlarini ko‘rsatib o‘taman deb, xiyla vaqtingizni oldim. Menim asl to‘xtalmoq istagan no‘qtam shudirkim, shu pesani shu holda o‘ynamoq bilak ishga kirishgan shu teatr to‘dasi, mahalliy mablag‘ning ta’minotiga o‘tkazilar emish degan gap bor. «Fojealar»ning muallifi va to‘daning ruhi bo‘lg‘on Hamza Hakimzoda o‘rtog‘imiz, atay shu ish uchun Xevadan chaqirilib keltirilgan. Hamza o‘rtoqning o‘zi ham xususiy bir gaplashish vaqtida «shu to‘g‘rida 20—30 kishilik ismeta tuzib muzofot ijroqo‘mig‘a topshirmoqchi bo‘lg‘onini» aytib o‘tdi. O‘zbek teatrini tirgizmak, o‘zbek san’atini yashatmoq yo‘lida Farg‘ona muzofot ijroqo‘mining jiddiy harakat ko‘rsatishi — olqishga loyiq ish. Lekin shuni bilmak kerakkim, o‘zbek teatr va san’ati bu xil san’atdan yiroq asarlar va san’atga 1919 yil ko‘zi bilan qaraydurg‘on to‘dalar tomonidan tirgizilib, yashatila olmas. Bu muhim ishni yosh kuchlarga, san’atni to‘g‘ri ko‘rib taniy oladurg‘on kuchlarga topshirmoq kerak. Shubhasiz, Hamza o‘rtoq o‘zbek teatrining, o‘zbek san’atining yuksalishida muhim bir omil bo‘la oladir, uni bu sohada ishlatmak kerak. Lekin unga bildirmak, tushundirmak kerakkim, o‘zbek teatrini, Turkistonning markazida sobiq «Karl Marks» to‘dasi boshlag‘on to‘g‘ri yo‘l bilan olib bormoq kerak. Bu to‘g‘ri yo‘lga tushgani unamasalar tarixni quramasliq bilan «takarrur» qidirmoqchi bo‘lsalar, sahnani voqealarning quruq bir xabarlar bobidan iborat qilmoq istasalar— ularga xoh mahalliy mablag‘ va xoh boshqa mablag‘dan bir chaqa berish kerak emas. 19-yilning «fojeafurushliq» davri o‘tgan va tarixning bu «takarruri» biz uchun zararlik!.. Tarjuma to‘g‘risida jindak “… Sayfullinaning juda nafis va san’atkorona yozilg‘an hikoyalarida…” deb juda to‘g‘ri aytadir o‘rtoq Lyubimova. Munday nafis asarlarni bir tildan – ikkinchi tilga ag‘darish juda og‘ir bo‘ladir. Ayniqsa, ishlangan tildan ishlanmagan tilga; adabiyot ahllari yaxshi biladirlar. Mutarjimni tiqilish qilib ganggiratgan nashriyot idorasi ham, bu jihatni bilmaydir emas, biladir. Bizning zamon talabicha ishlanmagan, xom tilimizdan atamalar topishning qiyinlig‘ini ham nashriyot idorasi jud yaxshi biladir. Faqat, “shunday yaxshi va o‘z turmushimizdan oling‘an asar rus tilida qachonlar chiqdiyu, bizda hali ham chiqmaydimi?” deb shoshiladir. Shu uchun, mana shu haqli shoshilish orqasida qo‘lingizdag‘i tarjuma – mening fikrimcha Lolaxonning nashriyotning, mening va hammadan muhimi tanqidchilarning kutganini bera olmaydir… Bunday asarlar 5-10 yildan so‘ng kuchli bir hay’at tomonidan tarjuma qilinsa, balki, hammamizning istaganimiz bo‘lur, balki, Lolaxon ham o‘zining bechora qahramonlari kibi hayotni qarg‘amas edi… Shunda ham “balki”si bor, chunki, tillar – asrlarning shogirdi. Lolaxon bu shoh asarini juda boy bo‘lg‘an rus tilida va she’rli – vaznli nasr bilan yozadir. Rus adabiyoti muallimlari asarning nasr vaznini ko‘rdilar va uni qadim yunon Homerlarining “Iliada”lari vaznida yozilg‘an, deydilar. Men Homer adabiyotining beganasi, o‘zbek turmushidan oling‘ani uchun bizning so‘z tartibimizga qaratib yozilg‘an, dedim. Rus adabiyoti muallimlari jim bo‘ldilar, men ham jim bo‘ldim. lekin, kim yenggani ma’lum bo‘lmadi; u yaqin kelgusining ishi bo‘lar. Tarjumada, lekin Homer vazni yo‘q. Ishlanmagan muosir o‘zbek adabiy tili bor, uning kamchiligini tushunganlar, balki “Homerchi” bo‘lolmag‘animizdan kulmaslar. Balki, kularlar… Kulsinlar, mayli, kulish – yig‘lashdan yaxshi albatta! Yo‘q… Homerga deyman – Lolaxon so‘z usuliga ergashilgan bir hikoya bor: “Cho‘l odatlari” mana bunday boshlanadir: “Ko‘tarildi balandga ko‘katlar, Yetildi hozir xush isli bahor” Undan keyin hikoyaning boshidan oxirig‘acha jumla uzulishlari shunaqa “teskari”. Chunonchi: “Baxtli bir kechada, yoruq yulduz shu’lasi ostida tug‘uldi gul jamol, nazar soldi yaxshi shamol endigina ochilg‘an ko‘zlariga”. “Kirpik panjaralari orqali ko‘radir u…” “Ko‘b baytallar bor mening yilqimda” Bu “teskari” jumlalar, balki qoidaga xilofdir, lekin juda shirin, Lolaxon hikoyalarining maziyati ham, meningcha, ko‘brak shu shirinligida. Boshqa hikoyalarda ham ko‘b jumlalar Lolaxonning yo‘lig‘a ergashib ketdi… Men to‘qtata olmadim, to‘g‘risi tilamadim to‘qtatishqa. Sharq va g‘arb chegarasida alamli haramlarning ko‘z yoshlari bilan ochilib qolg‘an lola guldan kechirim so‘rab qolamen! Ta’lim-tarbiya tevaragida 23 inchi o‘ktabrda butun Andijon tubjoy xalq muallimlarining yoppa yig‘ini bo‘ldi. Maorif nazoratining ijtimoiy tarbiya shoʻbasining harakati bilan yig‘ilg‘an u yig‘inda, shoʻba mudirining maslahati bilan hamma muallimlarning o‘z sinflari axvolidan ma’lumot berib o‘tishlari lozim topildi. Hamma maktablarning har bir sinfini o‘qutub turg‘an muallimlari o‘z sinflarida ta’lim-tarbiya tatbiqi to‘g‘risida ma’lumot berib o‘tdi. Ma’lumotlar eshitilgandan keyin har maktab va hatto har sinfdagi ta’lim yo‘lining boshqa-boshqa bo‘lg‘anligi anglashtildi. Ko‘z oldilarida bu katta xato va aybli ko‘rgan muallimlar, ta’lim-tarbiya ishlarining birlashishiga xizmat etmak maqsadi bilan bir ta’lim-tarbiya tevaragi ochishg‘a qaror berdilar. Tevarakni olib bormoq uchun ijtimoiy tarbiya mudiri qo‘l ostida, maorif noziri va muallimdan iborat 3 kishilik bir hay’at tashkil qildi. Tevarakning majlislari haftada bir kun (juma kunlari) bo‘ladur. 28 inchi dekabrda hay’at tarafidan muallimlarning yoppa majlisi chaqirilib, tevarakning birinchi o‘turushi hisoblang‘an u majlisda hay’at raisi tarafida leksiya o‘quldi. Maskovda tuzilgan 7 yilliq mehnat maktabi pro‘g‘rammasining (yurt tanish) qismining tarjima va izohidan iborat bo‘lg‘an u leksiya, muallimlar tarafidan yaxshi qiziqish bilan eshitildi. Bundan so‘ng ham tevaragning majlislari davom qilib, ta’lim-tarbiya-ga oid har xil leksiya o‘qulub turg‘usidur. Shahar maktablarining muallimlari bu tevarakni ixlos bilan olib borg‘anda, ko‘b foydalar ko‘rsa kerak. Ijtimoiy tarbiya shoʻbasining shu yaxshi qadamini olqishlamoq bilan birga ko‘bchilik tashkil etgan qishloq muallimlarini ham tevarak foydalaridan nasibador qilish yo‘lida choralar aqtarmog‘ini umid qilaman. Teatr – san’at («QIMORBOZLAR HAYoTI», «XIYoNATKORLAR JAZOSI», «ER-XOTIN», «ARShIN MOLOLON») UMUMIY QARASh O‘rtoq Uyg‘ur Buxorodan kelgandan beri sahnamiz jonlana boshladi. Shu bir-ikki hafta ichida yana burungi kabi kamchiliklar, qarg‘ish va la’natlar bilan bo‘lsa-da, bir necha tomosha ko‘rdik. Matbuotimizda ismi ko‘runub kelaturg‘on «S» (Sanjar) o‘rtoq tomonidan tarjima qiling‘on «Qimorbozlar hayoti» — Ovrupo qimorbozlig‘ining qo‘rqunch yoqlarini yaxshi ko‘rsatadir. Bunda qimorbozliqning qaynag‘on joyi, qimorbozlarning ish ustidagi «faoliyatlari» ko‘runmaydir. Bunda bu yomon odatning oilaga qilg‘on ta’siri ko‘brak ko‘rsatiladir. Tarjima tekisgina chiqqon. G‘udur-budurliq ko‘b sezilmadi. Faqat bunda o‘ynag‘uchi artistlarimiz (Abror, Sayfi qori, Ziyo Said, Shokirlar) nimagadir xiyla yot va begona bo‘lub o‘ynadilar. Samimiylik, ro‘lni anglab o‘ynashlik, sahnada erkin bo‘lishliq — mana bularni ko‘ra olmadik. Xalq oz edi, kirim yomon bo‘lg‘on, ehtimolkim shuning uchun artistlarimiz «baribir» deb o‘ynag‘on bo‘lsalar… Davlat truppasining bu «baribir» tomoshasidan so‘ng Eski shahar ishchilar fakulteti talabalarining bir «Tomosha va konsert kechasi»ni ham ko‘rdik. Tomosha qismida qo‘yulg‘on to‘rt pardalik «Xiyonatkorlar jazosi» degan narsani yozib o‘ltirish ham vaqt isrof qilishdir. Ba’zi bir pardalarning 3—5 minut qadar davom etishlari bunga katta guvohdir. Faqat konsert qismida milliy cholg‘i maktabining birinchi imtihonini ko‘rdikkim, bu xiyla umidlikdir. Bolalarning ko‘bayishib aytgan ashulalari zaif bo‘lsa ham, bir bolaning yolg‘iz ashulasi, bir yigit tomonidan yolg‘iz aytilgan «Gulyor» yaxshi edi. Shu «Gulyor» aytgan yigitda yaxshi kuchlik tovush bor. Faqat, ishlanmagan. Milliy cholg‘i maktabi g‘olibo 3-4 yildan beri davom etadir. Faqat so‘ng choqqacha unda muallimlar o‘rniga «to‘nkalar» o‘lturg‘oni uchun hech samarasi ko‘rulmagan. Yaqinda yasalg‘on islohot va ta’lim ishiga qo‘yulg‘on muqtadir muallimlar (Qurbon va Shojalillar) maktabni umidli yo‘lg‘a qo‘yg‘onlar. Yana ham diqqat, yana ham ko‘brak ahamiyat berilmagi kerak. Sahnamizda necha marotaba o‘ynalg‘on «Er-xotun» va «Arshin mololon» tomoshalari to‘g‘risida qayta-qayta yozishni ortiq topaman. Bu to‘g‘rida shunigina aytamankim, bizning sahnamizning eng zo‘r kamchiligi — dram o‘ynag‘uchilarning o‘perada chiqishlaridir. Mana bu kamchilik har ikki tomoshada ham eng qattig‘ sezildi. Bilmadim, qachon bizning sahnamiz o‘perada boshqa, dramda boshqa hay’atga ega bo‘lur ekan. Har holda, so‘nggi ikki tomosha sahnamizning yana jonlanib, tuzalib borg‘onini ko‘rsatadir. Sahnamiz yana tirilmakchi. Xalq sahnada yana ruhiga oziq topa boshladi. Endi shu harakatni to‘qtatmay, oqsatmay olib borish — (har bir san’at — D.Q.) arbobining vazifasidir. Endi umumiy suratda bir narsa yozib o‘tmakchi bo‘laman: umumiy deganim sahna va san’atimizning moddiy jihatidir. Qish yaqinlashib, yupqa kiyimlar yaramay boshlag‘on bir vaqtda ham xalqimiz o‘zi tubdanda o‘lgundek zax bo‘lg‘on yozliq «Turon»da tomosha ko‘rmakka majbur. Qishloq «Turon» qat’iyan yaramaydir. ToshPO o‘rni tilga ham olinmog‘on, yangi bino esa mahallama-mahalla ko‘chub, har kun bir kamisiya tomonidan bir to‘qtatilib, bir ruxsat etilib, sarson va sargardon bo‘lub guradir. Bilmadim, bu ish jiddiy bir yo‘lg‘a tusharmi, yo‘qmi? Qish kelganda ko‘chada qolg‘on sahnadan nima umid qilmog‘ kerak? Buxorodan chaqirtirib oling‘uncha ming va’da, ming xil rohat va ta’minotlar taqdim qiling‘on Uyg‘ur hanuz turg‘ali bir joy, ba’zi tajribalar uchun ikki gaz oynag‘a ega bo‘lmag‘on. «Uyg‘urni Buxorodan olib kelish uchun pul sarf qilib G‘ozi Yunus o‘rtoqni Buxorog‘a yuborg‘an» Eski shahar ijroqo‘mi uning qo‘l ostig‘a kelib kirgan san’atkorga joy topib berolmaydir-da, «Sharq» kutubxonasining joyig‘acha bir yakatchiga ijaraga qo‘yadur. San’atning qiymati shu esa, unday san’atdan umid uzmasa kerak edi! Teatr – tomosha Shanba kuni – dekabrning 3-nchisida “Yetimxona” sahnasida mashhur boshqird qo‘shiqchisi Aziz al-Hamid (Al-Mahmud) bilan totor cholg‘uvchisi Saydashevning konsertlarini tomosha qildik. Aziz al-Hamidning konsertlarini birinchisi emas, bir nechanchi martaba ko‘ramiz. Shuning uchun so‘zning to‘g‘risi, bu konsertning bizga ko‘p sovuq ta’sir etganini aytmakka majburmiz. Negakim, Aziz o‘rtoq bu yo‘li sahnaga istar-istamas chiqqon kabi edi. Uning totor va boshqird tomoshachilarining ko‘ngillarida chuqur iz qoldiraturg‘on uzun va cho‘ziluvchi boshqird ko‘ylari bu yo‘li bundan ortuq bo‘lmadi. Uni eshittirgan yana bir uzun kuyida sharq qayg‘usi, sharq tushkunligi sira yo‘q. Allaqanday yot bir nusxa… Xayr, bularni qoldiraylik. Bu konsertda yangi bir “ijod”, yangi bir usul ko‘rildi. Ul-da esa boshqird-totor qo‘shiqchisi Aziz al Hamid (Al-Mahmud) tarafidan eski o‘zbek kuylarining buzilmog‘idur. Bu bobda ent boshda o‘qilg‘on mashhur (qashqarcha) kuyi naqadar buzuq, naqadar g‘ayritabiiy, ovrupolashtirilg‘on va qo‘pol edi! (Boshqirdcha) kuy eski o‘zbak kuyidir; ilgari el orasida ko‘p tarqalg‘on bo‘lsa-da, so‘nggi choqlarda yo‘q bo‘lib ketayozgan edi. Birdan oraliqda Farg‘onaning mashhur Muhiddin qorisi chiqdi va shuning sahnaga chiqishi bilan bu kuy yana taraldi. Ana ingichkalik, istagan ko‘ngillarni zavqlantirdi. Bu kuyni biz Al-Mahmud o‘rtoqdan eshittach, yana qo‘l ko‘tarib duo qildikkim, bu bechora kuyning taralganidan o‘lgani yaxshi ekan deb. Bundan so‘ng aytilgan va Hamza Hakimzoda ijodidan bo‘lg‘on (“Gʻayratsiz Turkistonim”) kuyi oz zafar bilan o‘tdi. Eng so‘ng aytilgan Gʻulom Zafariyning “Erk bolalari” operasidan oling‘on mashhur “Yor-yor” kuyi esa qashqarchaning qatoriga chizildi. Mayda tafsilotlarga kirishmayman, ular juda ko‘pdir. Yоlg‘iz shunisini aytamankim, kechadan na totor, na boshqird, na o‘zbek mamnun bo‘ldi. Bu kechada Al-Mahmud o‘rtoq naqadar ruhsiz ko‘ringan bo‘lsa, rus va ovrupo kuylari bilan totor kuylarini birga qo‘shib, ikkalasidan “atala” pishirgan Saydashev o‘rtoq yana undan-da ruhsiz ko‘rindi. Bir og‘iz so‘z uchun o‘rinsiz yerda turli “kulgi” harakat yasalg‘on artistchilikning qiliqlaridan gapirmak ham ortiqchadir. Til bilmaganlik «xosiyat»i Shul yaqinlarda Petrog‘raddagi Obuxovskiy kasalxonasinda yarador bo‘lub kelgan bir turkman o‘lubdur. Bu bechora komanda so‘zlarindan boshqa so‘z bilmas ekan. Kasalxonada yotganda holi og‘irlashgandan keyin harakat qilib, imo-ishora ilan bir narsa anglatmoqchi bo‘lgan, turkmancha ham so‘zlab qaragan, lekin kasalxonada turkmancha biladurgan hech bir kishi yo‘qligi uchun aning maqsudini bila olmaganlar. Kasalxona idorasi “Vechernyaya vremya” gazetasi orqali xalqqa murojaat etub, turkmancha biladurg‘an topilib kelguncha bechora turkmanni umri vafo qilmay olamdan o‘tgan. Til bilmaslik “xosiyat”idan bechora o‘zining dunyodagi vasiyatlarini anglatolmay ojizlik holda dunyodan rihlat qilgan. Hozir emdi bu voqeadan keyin Petrog‘radda general Davletshin gazeta idoralariga xat yozibdurlarki, minba’d shunday voqealar bo‘lsa, menga xabar berib ma’lumm qilinglar deb iltimos qilibdurlar. Tilimizning ishlanishi «Buxoro axbori» yo‘ldoshimizning shakli: bosilishi hozir xiyla tekislashdi. So‘ng vaqtlarda bu gazetaning o‘z vaqtida muntazam chiqib turg‘ani ko‘ruladir. Qog‘ozlarining yaxshilig‘i, harflarining ochig‘lig‘i, rasmlik chiqib turishi jihatidan bu gazetalarimiz orasida birinchi o‘runni tutadir. Xalqimiz nodon, kitob mutolaaga rag‘batsiz. Uni shunga o‘rgatmak va qiziqtirmoq uchun matbuotning ochiq, aniq, chiroyliq bosdirilishi juda ahamiyatlikdir. Turkiston, Buxoro va Xiva gazetalari bunga ayrim diqqat qilishlari kerak. «Buxoro axbori» yo‘ldoshimizning bu to‘g‘ridag‘i g‘ayratini olqishlaymiz. Lokin yo‘ldoshimizning doim ko‘zga qadalaturg‘an bitta zo‘r xatosi bordirkim, uni xayrixohliq bilan aytib o‘tmasak bo‘lmaydir. Bizning ko‘rsatmak istaganimiz kamchilik til, sheva kamchiligi, to‘g‘risi, tilga ahamiyat bermaslik xatosidir. Bosh sarlavhasi yonida «adabiy jaridai turkiya» deb yozilg‘an bu gazeta, ma’lumdirkim, o‘zbek shevasida chiqadir. Buxoro hukumiyatining rasmiy tili ham o‘zbekchadir. Buxorodek fors-eron ta’siriga ortiq yutulub ketib, o‘z tilidan ajralib qolg‘an bir o‘lka uchun, u yerdagi ko‘pchilik avom uchun tilning ahamiyati juda zo‘rdir. Holbuki, «Axbor» yo‘ldoshimizda bu jihatga sira diqqat etilmaydir yoki etila olmaydir. Uning yarim tatar va chala-bula o‘zbek shevasida bosilaturg‘an maqola va xabarlaridan bir necha misol ko‘rsatay. «Axbor» yo‘ldoshimizda «shunliqdan», «tishdan», «o‘zdirmoq», «tuli», «nichka», «topqir», «kabik», «ortidan», «soqchilari», «yundi», «qotnashdir», «bik», «ko‘b», «tevish», «olu», «yasov», «yasalaj(ch)aq», «olinajaq», «qoldirilajaq», «kelachak», «siza» kabi shevamizga yot bo‘lgan so‘zlar juda ko‘b ishlatiladir. Faqat so‘zlargina emas, (aynan) «Butun saroydag‘i g‘o‘zani qalay maorifga berib qo‘yamiz?»; «Oilasi yonida tunlarda yo‘qlasa…» kabi juda yot, juda qo‘pol, o‘z emas jumlalar bor. «Axbor»ning 142-sonida «O‘rtoq» deb boshlanaturg‘an bir xitob bor, undan bir necha jumla ko‘rsatay (aynan): «San do‘konchi (?) bo‘lsang, tinch savdo (?) qilishqa tilasangdur (?), dehqon bo‘lsang, mehnat bilan yig‘nag‘an (?) g‘allang ham qo‘y, dava; ho‘giz (?) va boshqa xil mollaringning o‘g‘rilar tomonidan zo‘rliQ bilan olinmoqini (?) ustamaysangdur» (?) «Axbor»ning bosh muharriri o‘rtog‘im Qori Yo‘ldoshning Maskov va Petrogradg‘a borib kelishi munosabati bilan yozib bosdirayotQan «Yo‘l xotiralari»da Petrograddag‘i «3-nchi Aleksandr mavzasi» to‘g‘risida (aynan): «3-nchi Aleksandr Rusiya hukumatining (xorijdan keyin o‘tirilgan) 2-nchi Niqolay oldida podsholiq qilg‘an va rus tarixida g‘oyat qora joy qutquchi bir zolimdur», – deyilgan shu qo‘pol va anglashilishi qiyin jumladan boshqa mavza zalining ta’rifinda: «Qizig‘tim ranglikdagi miramirdan», «birgina toshdan yasalg‘an katta va nafis isto‘lbalari bor» kabi ajib, atala ibora va jumlalar bor. Bu – tilning ishlanishi! Endi adabiyotning (til bilan birga) ishlanishiga kelaylik: so‘ng vaqtda «Moiqiy» degan bir «shoir»ning she’rlariga yo‘luqaturg‘an bo‘ldiq. «Axbor» shoiri birodarimiz o‘zining «Qizil militsiya uchun» sarlavhali bir «she’r»ida militsiya yigitini (aynan): San bu yurtning boqchisi (?), San inqilob soqchisi… Otang saning Arslon, San ham undan qolishmang… (?!)» – degan buzuq so‘zlar bilan ta’rif qiladir. Moiqiy o‘rtoqning Buxoro dehqonlariga qilgan shu: Qani, dehqon qarindosh, Kuning qanday talang‘och… – xitobini o‘qush bilangina darrov onglab bo‘lmaydir. Bu yosh «o‘zbek» shoirining milliy bayramimiz – Navro‘zni qutlab yozgan bir she’ridan ko‘prak ko‘chirib ko‘rsatmakka majburman (aynan): Navro‘z qutlug‘ bo‘lsun yangi kelgan! Bu kundir birinchi kun Yangi yildan, Ortidan yana bir ko‘p yil yillar kelib – Kutaylik ko‘b xayriyat har birindan. Kechurgan necha qalay qayg‘u-hasrat – Mundan so‘ng unutulub bitsun bari. Odashqan, yo‘ldan yozg‘an xalqmiz ko‘b: Yurupdi yo‘l topa olmay ko‘zi ko‘rdan Aytsang-da, qichqirsang-da gap eshitmas Na ko‘zi, na qulog‘i, so‘zi birdan. Xo‘sh kelding, Navro‘z aka, bugun bizga, Ko‘pdan-ko‘p bag‘ishlayman salom sizga. Turkman, qoraqalpoq, qozoq, o‘zbek – Hammasi bosh egadi o‘zingizga… Bu yo‘l til va adabiyotimiz uchun juda zararlikdir. Boshqa to‘g‘rilarda yaxshi ishlab kelayotqan «Axbor» yo‘ldoshimiz bu to‘g‘rida ham durustrak bir qadam bosmog‘i lozim. Birovning rioya-xotiri uchun tilni buzushdan boshqag‘a yaramayturg‘an buzuq she’rlarni gazetaning chiroyliq yuzlariga chiqarish to‘g‘ri emas. Moiqiy o‘rtoqning o‘zi ham shu haqiqatni tushunmagi kerak. She’ringiz tilni buzar, Moiqiy aka, Bir qadar hurmat kerak gazetaga. Til uchun ishlashingiz «Axbor» bilan! Samimiy salomimiz ikkingizga!.. Tinchliq Shahar 3-4 oydan beri tinch, miltiq tovushi eshitilmaydur. “Qoch-qoch!”, “bosdi-bosdi!”lar ham ko‘rinmas bo‘ldi. O‘sh, Jalolobod, Izboskent yo‘llari qatov kecha demak, kunduz demay ot-arava yurub turadur. Panjshanba kuni bozorg‘a kirsangiz bozor mahshar shaklini oladur. Miltiqlarning dangg‘illag‘an tovushlarini har kun, har kecha va balki har soat eshitib o‘rgangan quloqlar; devorlari qalin. Gʻalvasiz. Jimjit bir uyning ichiga kirganday bir oz gangiratub ham olg‘an bo‘lsalar kerak! Kuloqlar miltiq tovushig‘a xumor bo‘lub qolg‘anlar, emish… Lekin hech kim. Hech bir jon u kunlaprga qaytishni istamaydur. Bugungi tinchliqni kutub olg‘uncha xalqning yuragi dog‘-hasratga to‘lg‘an edi. Hali ham 5 yil muttasil urush maydonida o‘lturg‘an xalqning bardoshig‘a balli deng! Yangi saylovlar Mana shunday tinchliq ichida yangi saylovlar uchun harakat boshlandi. Eng avval uyez va shahar firqa qo‘mitasi tomonidan uyez saylovlarini o‘tkazish uchun bitr kamisiya tuzuldi. Bu kamisiyaning xay’ati ushbu o‘rtoqlardan iboratdur: Gʻozi o‘g‘li (Ugorrefqo‘mdan), Hakimxo‘ja Sa’dullaxo‘ja o‘g‘li (Prafbyurodan), Buxoritdinof (Ugorko‘mdan). Mirza o‘g‘li (qo‘shchilar soyuzidan), Neo‘niolof(harbiy tashkilotlardan). 29 o‘ktabrda bu kamisiyaning birinchi majlisi bo‘lib, u majlisga muzofot saylov komisiyasining raisi Alixo‘ja o‘g‘li bilan markaz saylov kamisiyasi a’zolaridan Yormuhammad o‘g‘li o‘rtoqlar oralashdilar. Bu majlisda shahar saylovlarini o‘tkazmak uchun harbiy tashkilotlar, eski shahar firqa yacheykasi, kasaba ittifoqlari, yoshlar tashkiloti va xotunlar shu’basi vakillaridan iborat ayrim bir kamisiya tuzuldi. Uyezning 6 mahkumi (rayuni)ga 6 shahar atrofiga bir, barchasi 7 kishidan iborat vakillar tayinlandi. Bu vakillar har mahkumning qishloq, ovul va bo‘lus saylovlarini o‘tkazish ishiga vakil qilindilar. Rayun qurultoylarini o‘tkazmak uchun bulardan boshqa yana 6 kishi tayinlandi. Bu keyingilarning hammasi dugundek, shahar va uyez doirasida ishlab kelgan mas’ul ishchilardur. Hozirda har iki kamisiya o‘ziga kerakli kishilarni to‘plab olub, jiddiyat bilan, yeng shimarib ishga kirishdi. Birinchi no‘yabrdan tortub saylovning tashviqiy ishlari boshlang‘usidir. Butkul tinchlanish yo‘lida Qolg‘an-qutqan qo‘rboshlarning qo‘shulushi davom etadur. 29 no‘yabrda kechasi mashhur Ahmad polvon Asakaga kirib, yarashdi. O‘ziga qarashliq yigit va mahramlari ham o‘zi bilan birga kirdi. 30 nchi o‘ktabrda yana Asakaga Ahmad polvong‘a qarashliq qo‘rboshilardan “Saksan” qo‘rboshi kirib, yarashdi. Andijonning yonida Xirabek degan yerga mundan 5-10 kun burun mashhur Yunus qo‘rboshi kirib yarashqan edi. Shuning bilan Andijon uyezi tamom tinchlangan desak bo‘ladur. O‘ktabr bayrami yaqinlashub saylov kunlari kelgan vaqtda Farg‘ona qo‘rboshilarining kirishi yurt-elga juda ta’sir qildi. Yurtning tinchlanishiga har kim ortig‘i bilan ishonub qoldi. Tiyotru tanqidlariga ahamiyat Bizning chinakam tiyotrumiz qurilish arafasida bo‘lsa ham, bu kunga yetguncha xiyla mazgillar otdiq. Orqamizda taxminan 12 – 13 yilliq havaskorlik yo‘li qoldi. Chin ma’nosi bilan tiyotrumiz emas, sahna bilan oshnolig‘imiz boshlang‘ichlikdan chiqdi. Shu uchundirkim tiyotrumizg‘a endi jiddiy talablar berilib, muhim vazifalar yuklatila boshladi. Demak, biz sahnada (qaytarib aytaman: sahnada!) ancha o‘sdik. Faqat tanqid jihatimiz tiyotrumiz bilan birga bora olmay yotibdir. Tanqidchilarimiz nima uchundir tiyotru san’atini yaqindan anglayolmag‘an holda maydonga chiqadirlar. Buning sababini nimadan aqtaramiz? Menimcha, sahnamiz uning o‘z ichiga kirganlar tomonidan zo‘r g‘ayrat bilan ilgari olib borilmoqda; o‘sha sahna xizmatchilarining faoliyati bilan yuksaltirilmakdadir. Ammo sahna ahli, sahnani sevganlar va sevdim deganlar o‘yin o‘ynalg‘an kuni bir tomoshachi qatorida zalga kirib o‘ltirib, o‘yin bitgach, o‘sha kunlik taassurotni ko‘tarib mubohasa yo‘li bilan uyga qaytadirlar. Erta bilan uxlab turkanlarida kechagi taassurotlaridan hech narsa qolmaydir. Chunki ular o‘z ishlariga ketadirlar. Ba’zi bir sahna ahli yoki «san’at muhiblari» tekin belat (kantramarka) olish uchungina san’atga sevgi baslaydirlar. Bu yaramas jarayon hatto tushunchali yigitlarimizni ham, taassufga qarshi, hanuz o‘z oqishig‘a solib ketmakdadir. Maqsaddan jindak uzoqlashdiq. Men demak istaymankim, tiyotru tanqidchilari ham haligi «muhiblar» va ahllar orasidan chiqadir, shu uchun tanqidimiz o‘yimizdan keyinga qolib boradir. Tanqidni, boshqa bir ta’bir bilan aytsak, yalang «ro‘baru kelgan» (sluchaynыy) kishilar yozalar. Tabiiy, bundan sahnaning yuksalish va tuzilishiga foyda emas, zarargina keladir. «Zarafshon»ning 425-sonida «Surgun» piyesasining tanqidi bosilg‘an. U, meningcha, tanqid emas, oddiy bir tomoshachining san’atdan yiroq taassurotidan iboratdir. «Qo‘lini unday qilmadi, munday qildi», – degan tanqidlar… «Terazaning sinishi chiroyliq bo‘ldi», – degan tahsinlar… 7 – 8 yil burun kelishsa kelishardi. Bu kun o‘ynalg‘an asarning ruhini ochib tashlash kerak. Bu kun qo‘yishdag‘i asosiy kamchiliklarni ko‘rsatish kerak. Bu kun o‘ynovchining tubli xato va fazilatlarini ko‘rsatish kerak. Bu kun, nihoyat, tamoyil (uklon)larni ochib berib, yo‘l-yo‘ruq ko‘rsatish kerak. Yo‘l-yo‘ruq ko‘rsatish ham yana a’zo-badanni qimirlatishg‘a oid bo‘lmasdan, umumiy asoslarda bo‘lmog‘i kerak. U qo‘l-oyoq qimirlatish masalalari rejisso‘r va o‘ynovchining ishidir. «Oh!» «O‘ldim!» «Kuydim, yondim!» – deganda mutloq ko‘krakni ushlash kerak emas; shunday qilmag‘an o‘ynovchini ayblash tanqid emasdir. Rejisso‘r va o‘ynag‘uvchi har kimga va har onda o‘ziga, o‘z shaxsiga yarashar qiliq qildirig‘a ixtiyorlidirlar. Bu qiliq va bir harakatni ushlab olib har qayda va har onda shuni qila berish «muhrli» (shtampovannыy) harakat ataladirkim, sahna olamida yaramas fazilatlardandir. Sahna xizmatchilari sahna muhiblari, sahna ahllari va, umuman, san’at sevganlarning e’tiborlarini tanqidimizning bu qizg‘inch ahvoliga jalb qilamen. Tizgin talash (Genuya kengashi munosabati bilan siyosiy hangoma) Ot minishtanmisiz? Agar minishgan bo‘lsangiz, ot ustida bora turib bir qo‘lingizda mutloq bir qayish bo‘lg‘ondurkim, u qayish bilan siz otning boshini u yoq bu yoqqa burib turgansiz, otning tizgini qo‘lingizda bo‘lg‘on choqda siz o‘zingiz istagan tarafga burub turgansiz. Agar u qayish qo‘lingizda bo‘lmasa, otning o‘zi bilgan yo‘liga keta berar edi. Siyosat dunyosida ham katta-katta to‘ralar, Rustami dostonlar bordurkim, butun dunyo siyosatining tizginini o‘z qo‘llarig‘a olmoqchi bo‘ladurlar. Butun burun zamonlarda ham butun dunyo tizginini qo‘lg‘a olmoq, ya’ni olamga “podsho” bo‘lmoq uchun tirishg‘on ulug‘lar bor edilar: Bizning Chingiz va Temurimiz, yunonning ulug‘ Iskandari va Ovruponing Napoleoni shu botirlar edilar. Ular shu xayollarig‘a yetmoq uchun butun dunyoni yengguday qo‘shin kuch ham hozirlag‘onlar va shu kuchga tayanib olib ishga kirishgan edilar. Lekin hozirgi botirlarning undog‘ katta kuchlari yo‘q. Qo‘shinlari bor bo‘lsa-da, o‘z yurtlarig‘a zo‘rg‘a saqlay olaturg‘on darajada kuchsiz; ularni ham istagan choqlarida urush maydonig‘a haydamoq zamonamizning botirlari uchun mumkin emas. Matbuot, afkor ommasi, xalq, parlament (el majlisi) degan narsalar bor. Ul botirlar urush qilmoqchi bo‘lib bir qadam bosmoqchi bo‘lsalar, darhol qiyomat-qoyim bo‘ladur. Madaniyat, ilm-maorif dunyoni shu holg‘a keltirgandur. Ammo bizning zamona botirlarining butun dunyoni olg‘anday kuchlari, qo‘shinlari bo‘lmasa-da, ularning bir qadar kuchli bo‘lg‘on yarog‘lari, tayanchlari bor. Ul esa: hiyla, ya’ni o‘zlarining tillari bilan siyosat (politika)! Ko‘p aql va tajriba bilan niyatlarig‘a yetkazadur. Bizning zamon botirlari-da juda ko‘p; ular bu niyatta ko‘p o‘chlar. Shu kuchi bilan siyosat tizginini ham o‘z qo‘llariga olmoq uchun ul botirlar 1914 yili, qoni qizig‘on bir serb yigitining bir donagina “o‘qi”ni bahona qilib katta va jahonni qoplag‘on bir urush yasadilar. Siz va bizning tilimizda “German urushi” deb aytilgan “ma’raka”da, xudoga shukr, 10 million odamni qirib, 40 million odamni cho‘loq, oyoqsiz, qo‘lsiz, ko‘zsiz, quloqsiz qilib to‘xtadilar. Miltiq otish, to‘p o‘qlarini uchurish, minalar tashlash vaqtincha to‘xtadi. Lekin urush ham qattiq bo‘lib, siyosat, ya’ni hiyla kurashi boshlandi. So‘z – bombalar, nota va talabnoma o‘qlari yog‘a boshladi. Hamon yana butun dunyo siyosatining tizginini olish uchun kurash borar edi. Ingliz fransuzga, fransuz italyanga, yaponga, yapon amerikag‘a hiyla olib borildi. Hiyla maydonida bizning botirlar ham dam unga, dam bunga quloch ochalar, so‘z otar edi. Hatto Amriqo va ingliz kabi ulug‘lar botirlari bir hamlada uch-to‘rt tarafga quloch otdilar. Tuzoq qurollari, to‘r tashlanar edi. Va kurash bilgan kishiga o‘zimizning xo‘roz va qo‘chqor urushlarining eng qizig‘iday o‘tar edi. Lekin botirlar dunyo tizginini qo‘lg‘a olmoq o‘yi bilan bir-birlariga siyosat toshlari irg‘itar ekan, oyoqlarining ostidag‘i bosib turg‘on yerlari yumshoq, bo‘shashib, ag‘anamoq istay boshladi. Ya’ni 4 yillik katta va o‘xshashi yo‘q urushning natijasida dunyoni xaroblik qilib, tuzatib turg‘on sanoat (promыshlennost) ishdan chiqdi, ya’ni zavod va fabrikalar yondi, kuydi, buzildi. Buzilg‘onlari tiklangani yo‘q. Sababi, ul mulkni mamlakatdan ham olib chiqib ketish mumkin bo‘lmay qoldi. Qulochlasak, quloch yetmaslik ham molini istagancha olib ketish, odamlarni eshak kabi ishlashga berayotgan ulug‘ Sharq o‘lkasi qimirlay va jonlana boshladi. Miltig‘i bo‘lmasa, qo‘lig‘a kasov olib “…” Asrga qarshi chiqib qoldi. Har yerlarda to‘palon boshlanib qolib, tinchgina xom mol tashimoq mumkin bo‘lmay qoldi. Ishlaguvchi ishchilar shu kundalik ishi bilan qorin to‘yg‘azib, umr o‘tkazib turg‘on millionlarcha xudo bandalari ishsiz va ovqatsiz qoldilar. Qorinlari ochg‘ach, ko‘p-ko‘p bo‘linib, ko‘cha aylanishib: “ – Ish, ish! Ish bermasang, ish boshidan tush!” – deb baqira boshladilar. Bizning botirlarg‘a yumshoq ustallarda o‘tirib, popurisini chekib, 1510 xil taom yeb, dunyo tizginini qo‘lig‘a olmoq uchun deb bir-birlarig‘a “hiyla toshi” irg‘itish oson va rohat bo‘lsa ham qorni ochlarning u baqirishlari ko‘p-da yoqimli kelmas edi. Shuning uchun, shu falokatdan qutulmoq uchun, dunyo tizginini qo‘lg‘a olish xayolini amalga oshirish uchun o‘zaro yig‘ilib, kengashib olmoqchi bo‘ldilar. Bu ishga eng ko‘p g‘ayrat qilg‘on Amriqo botiri kengash majlisini o‘z poytaxti Vashington shahriga chaqirdi. Botirlar to‘ydan oldin nog‘ora chaldilar. Ya’ni “Bizning Vashington shahriga borib kengashimizda dunyoda tinchlik va osoyishtalik o‘rinlashtiramiz. Buning uchun nima lozim bo‘lsa shuni qilamiz, sanoatni kuchaytirsak, lozim bo‘lsa urush kemalarimizning bir qismini sanoat va savdo uchun ayiramiz, ya’ni yo‘l savdo kemasi yasaymiz. Qo‘shin saqlamoq uchun ko‘p pul sarf bo‘lmasin, qo‘shinni ozaytiramiz. Urush kemalari soldirib borishni to‘xtatamiz. Ishqilib, dunyoda urush bo‘lmaslik yo‘lini qaraymiz!” -deb butun olamga baqirdilar. To‘ralar Vashingtonga borib, endi yig‘ilishib turdilar. Amriqoning daryo vaziri baqirdi: “Kengash majlisi bir qarorga kelguncha biz urush kemalari soldirish ishini yurgiza beramiz!” Bunga qarshi yapon indamadi. Lekin hozirgi urush kemalarini yasashdan ham katta bir urush kemasi tayyorlab, xuddi kengash vaqtida daryoga tushurdi. Fransuz botirlig‘i deydirki: “Qo‘shiningizni kamaytiring, suv osti kemalari solishni to‘xtat!” Fransuz botiri qovog‘ini burushtirib deydiki: “Boshqalar qo‘shinini kamaytirish emas, kuchaytirganda men kamaytiraymi? Ingliz suv ostida baliq bo‘lmoqchi-da, men suv ostig‘a ulcha-da bo‘la olmaymanmi?” Ola!!! Nima bo‘ldi? Oxirida hammalari bir-birlariga dushman bo‘lsin, hurpayishib, qizishib, urush kemalarini ko‘paytira borishg‘a, qo‘shinni orttirishg‘a, erta-indin urush bo‘laturg‘onday hozir bo‘lib turishg‘a yetti marta qasam ichib qaytib ketdilar. Uyga kelsalar bu ishsizlar yana ko‘payganlar, yana qattiqroq baqiradilar. Va nihoyat “Genuya” degan so‘z ruscha (bo‘lib), “yiring” demakdur. Qo‘rqamanki, bu katta chipqonning qon aralash yiringi chiqmasa… Toshqun Ushbu kunlarda Andijon va uyezdlarda sel yog’muri bo’luv sababli suvlar toshub, 25 ming tanob qadar yerni olub ketub, ko’b odam halok bo’ldi. Ba’zi bir katta suvlardan o’tmak hozirda ot aroba ila ham mumkin emas. Tubjoylashtirish Mahkamalarni tubjoylashtirish ishlari zaif boradur. Shuni qo‘zg‘atib qo‘ymoq uchun ijroqo‘m qoshida bir kamissiya tuzuldi. Kamissiya o‘zi ham shul tubjoylashtirish ishlarida susayib ketmasa, shu yaxshi ish bir yo‘lga ketar edi. Turkistonda matbuot Eski vaqtlarda: “Matbuot yettinchi davlatdir” derlar edi. Bu so‘z, bu da’vo endi-da ahamiyatini yitirmabdir. Bu kunda-da matbuotning ahamiyati buyukdir. Xususan, Sharq xalqi bu kun matbuotning ahamiyatini tushunmishdir. Buyuk inqilob olamning ketishidan bexabar yotgan sharqlilarni uyg‘otmish, qonsiz tomirlarga qon, “yashamak uchun muboraza edajaq” muqaddas qon savq etmishdir. Qamoqda matbuotni ajnabiylarga – xorijliklarga maxsus bir “shay” bilan sharqlilar bu kun uni izlar, topar, uning ustida mulohaza yuritarlar. Olamning tugul, hatto shaharning hayotiga-da ko‘zining uchi bilan boqqan ko‘yli, kyendli bu kun ko‘yning tashqarisida, yiroqlarda tantanali, muborazali va o‘ziga ham taalluqli bo‘lgan hayotni bilmoq va o‘rganmoq istab ta’qib etadir. Uning quloqlariga eshitilgan shahardan kelgan “nasihatchilar”ning “Ko‘ylining haqi buyuqdir!”, “Hukumat amalab ila ko‘yliningdir!”, “Ko‘yli o‘z haqqini uni ezganlardan olmalidir!” kabi so‘zlari shubhalar-la qorishiq shirin va yoqishiqli bir holda uning ko‘ngliga, yuragiga ta’sir etadir. U matbuotni tanir va ta’qib etar. Faqat inqilob sababi-la o‘ziga xalqning, amala va ko‘ylining muhabbatini jalb qilgan matbuot na holdadir? Bizning maqolamiz shu savolga javob berajaqdir. Fevral inqilobiga qadar chiqqan gazeta va jurnallar “Xurshid” – taraqqiyparvar, moʻtadil maslakli gazeta. Muharriri endigi “Sharq qurultoyi” a’zosi va Turkistonning mashhur ko‘hna jamoat xodimi Munavvarqori Abdurashidxondir. Bu gazeta ikki oy qadar davom etib, 15 nchi no‘merdan shu hukumat tarafindan bekitildi. “Taraqqiy” – taraqqiyparvar bir gazeta bo‘lib, muharriri ichki Rusiya totorlaridan Ismoil Obidiy yo‘ldosh edi. O‘ktabr inqilobindan so‘ngra bu kishi so‘l susiyolist revolyusioner firqasi vakili o‘laroq dohiliya ko‘misari mansabinda bo‘lindi. Ikki oy qadar davom etgandan so‘ngra hukumat tarafindan bekitildi. “Osiyo” – taraqqiyparvar bir gazeta bo‘lib, muharriri Ahmadjon Bektemirov edi. Bir oy yarim qadar davom etgandan so‘ngra hukumat tarafindan bekitildi. “Shuhrat” – taraqqiyparvar gazeta, muharriri – Abdulla Avloniy. Avloniy yo‘ldosh Turkistonning mashhur shoirlarindan bo‘lib, “Hijron” taxallus etar. Yaqin zamonlarda Rusiya ijtimoiy sho‘rolar jumhuriyatining Afg‘onistonda Hirot viloyati ko‘nsuli edi. Bu kunlarda qaytib keldi. Ikki oy qadar davom etgandan so‘ngra hukumat tarafindan bekitildi. “Tujjor” – qora maslakli tijorat gazetasi. Noshiri Sayidazimboyev edi. Uch-to‘rt oy qadar davom etgandan so‘ngra moddiy jihatdan qisilaroq yopildi. Mazkur gazetalarning hammasi o‘lka markazi Toshkandda chiqmishlardi. Siyosat ijbori ila bir necha yil Turkiston gazetasiz qolgandan so‘ngra (hukumatning rasmiy gazetasini gazeta o‘rnida hisoblamayman) Buxoroda forscha “Buxoroi sharif”, o‘zbekcha “Turon” gazetalari chiqdi. Avvalgisining muharriri kofqosiyali bir yozuvchi edi (agar yanglishmasam, Jalol Yusufzoda edi). Bular har ikkisi ikki-uch oy qadar davom etgandan so‘ngra, Buxoro rus siyosiy agentining hiyla va dasisalari ila Buxoro hukumati tarafindan bekitildi. So‘ngra Samarqandda “Samarqand” gazetasi va “Oyina” jurnali chiqdiki, bularning muharrir va noshiri o‘tgan yili Boku safarinda Buxoroning Qarshi shahrinda beklar va mullolar tarafindan rafiqlari ila barobar xoinona suratda shahid etilgan Mahmudxo‘ja ustod Behbudiy edi. “Samarqand” gazetasi bir-ikki oy davom etgandan so‘ngra moddiy jihatdan zaiflashib qolgani tufayli haftalik jurnalga aylantirilib “Oyina” ismi berildi. Bularning har ikkisi turkcha edi. “Oyina” 2 yil qadar davom etib, moddiy jihatdan siqilaroq yopildi. “Oyina”ning Turkistonga xizmati buyukdir. “Oyina”ning davomi vaqtinda Turkistonda birdan ikki gazeta chiqdi: “Sadoi Turkiston” Toshkentda taraqqiyparvar, sevimli bir gazeti bo‘lib, haftada 2-3 daf’a nashr qilinar edi. Tili o‘zbek shevasida, muharriri va noshiri ma’ruf huquqshunos jamoat xodimi Ubaydulla Xo‘jayev edi. 80-no‘merga qadar davom etib, moddiy jihatdan siqilaroq yopildi. Bu kungi Turkistonning ko‘pgina yosh muharrirlari bu gazeta vositasi-la yetishmishlardir. Bu gazetaning yoshlarga xizmati buyukdir. “Sadoi Farg‘ona” (Farg‘ona markazi Qo‘qon shahrida) – taraqqiyparvar gazeta. Muharrir va noshiri hozirgi “Sharq kurultoyi” a’zosi Obidjon Mahmudo‘f edi. Bu gazeta 126-no‘merga qadar davom etib, moddiy jihatdan siqilaroq yopildi. Buning bir necha no‘meri chiqqan ruscha tarjimasi (“Ferganskoye exo”) bor edi. “Olosh” (Toshkentda qirg‘iz-qozoq shevasinda) taraqqiyparvar, susiyolistlikka moyil bir gazeta edi. Muharriri Ko‘lboy Tug‘uso‘f bo‘lib, Fevral inqilobindan bir necha oy o‘tgach, moddiy va ma’naviy jihatdan siqilaroq yopildi. “Al-Isloh” (jurnal Toshkandda turkcha). Muharriri Abdurahmon Sayyoh edi. Buning maslagi boshda mutaassib, so‘ngra hur va eng oxirda bobiylik noshiri bo‘ldi. Hurriyatdan so‘ng bir oz davom etub, ma’naviy va moddiy jihatlar sababi ila bekitildi. Fevral inqilobidan O‘ktabr inqilobiga qadar chiqqanlar “Najot”, muharriri – Munavvar qori Abdurashidxon. U vaqtgi hukumatning nashri afkori bo‘lgan bu turkcha gazeta 3 oy qadar davom etgandan so‘ngra hukumatning himmatsizligi sababi ila bekitildi. “Kengash”, muharriri – Ahmad Zakiy Validiy. Noshiri – Musulmon sho‘rolarining markaziy byurosi. Zakiy Validiy mashhur muarrix va so‘nggi vaqtlar Boshqirdiston sho‘rolar jumhuriyati a’zosi edi. Bu gazeta 2 oy qadar davom etgandan so‘ngra muharrirning boshqa yerga ketmagi va ma’naviy quvvatning ozligi sababli yopildi. “Sho‘roi Islom”, muharriri – Abdulbori Battol (ichki Rusiyali totor). Noshiri – Toshkand “Sho‘roi Islom” idorasi. Birinchi no‘merdan so‘ng ulamolarning e’tiborsizligi ila bekitildi va muharrir bo‘lgan Battol garoy Qozonga qaytishga majbur bo‘ldi. “Turon”, muharriri – Abdulla Avloniy. Noshiri – taraqqiyparvar “Turon” tashkilotlari markaziy idorasi. Bu gazeta u vaqtdagi o‘zbek gazetalarining eng mundarijali va hurriyatparvari edi. Uning 2 nchi no‘merida Turkiston jumhuriyati Markaziy firqa qo‘mitasi va Markaziy ijroiya qo‘mitalarining endigi nashri afkori bo‘lgan “Ishtirokiyun”ning hay’ati a’zosi Mirmuhsin yo‘ldosh Shermuhammado‘f Buxoro va Xiva inqilobiga doir hurriyatparvarona bir maqola yozmish va u maqolasinda qo‘hna madrasalardan aqllarni churitgan “Sharhi mullo” kitoblarini otmoq zamoni kelganini bildirmishdi. Bu maqola butun mutaassib ulamolarni g‘ayratga keltirdi. Muhsin yo‘ldoshni qo‘hna Toshkand ulamolari hukumatdorlar-la birlikda tutdilar. Xalq ichida qo‘lini bog‘lab kezdirib sazoyi qildilar. Qoziga kelib qozidan uni 18 oy dustoqqa hukm ettirdilar. Faqat u vaqtda mavjud hurriyatparvar muassasalarki Turkiston qo‘mitasi va askar, ishchi sho‘rolari edi, bu adolatsizlikni qo‘ymadi. Muhsin yo‘ldosh qo‘hna shahardan yangi shaharga ko‘chirildi. U yerda faqat jonini saqlay bildi. Shu voqeadan e’tiboran Turkiston javonlari ila ulamo orasi tuzalmas bir holga keldi. O‘ktabr inqilobi o‘lmaydi, ulamolar javonlarni bir yerga qo‘ymasdilar. Va bo‘ylalikla shirin hurriyat zohir bo‘lardi. “Turon” gazetasi 5 nchi no‘merdan so‘ng johil xalq ulamo ig‘vosi ila unga boyqot yasagandan so‘ng yopilishga majbur bo‘ldi. “Turk eli”, muharriri – bokuli Muhammadali Afandizoda, noshiri – Turk adami markaziyat firqasi. Bu gazeta-da 5 10 no‘meri chiqqandan so‘ngra moddiy sabablar ila bekitildi. “Ulug‘ Turkiston”, muharriri – sobiq “Vaqt” muharrirlarindan Kabir Bakir. Noshiri – Markaziy totor byurosi. Nimtotor shevasinda chiqqan bu gazeta ikki sana qadar davom etdi. Eng foydali, eng mundarijali va eng uzoq yashagan gazeta shu edi. Shu vaqtga qadar sanalganlar faqat Toshkand shahrinda chiqmish gazetalardir. Viloyatlarda chiqqanlari bulardir: “Hurriyat” – turkcha hurriyatparvar gazeta, Samarqandda chiqqan. Abdurauf Fitrat muharrirligida davom etgan bu gazeta bir yil qadar davom etdi. “El bayrog‘i” (Xo‘qand shahri) – turkcha, muharriri – mashhur Turkiston va Sharq tarixi olimlaridan Bo‘lot Soli. Noshiri – “Gʻayrat” shirkati. Bu gazeta O‘ktabr inqilobiga qadar davom etdi. Xo‘qand fojiasindan so‘ngra bitdi. “Ravnaq ul-islom” – Xo‘qand shahrinda chiqqan muhofazakor gazeta. Muharriri – Nurmuhammad o‘g‘li Toshmuhammad. Noshiri – “Xaloyiq” jamiyati. Bu gazeta bir-ikki oy davom etgandan so‘ngra moddiy va ma’naviy sabablar ila bekitildi. “Ozod”, Farg‘ona nohiyasi Sim (Iskobulo‘f) shahrinda nashr etilgan bu turkcha gazeta 2 nchi no‘meridan so‘ng moddiy va ma’naviy sabablar ila bekitildi. Muharriri – Hodi Fayziy. Noshiri – inqilob qo‘mitasi. “Sadoyi taronchi”, Yettisuv viloyatinda chiqqan bu gazetaning noshirlari taronchi turk javonlari edi. Muharriri totor shoirlarindan Zarif Bashiriy edi. 1-2 oy davom etdi. Bulardan boshqa Farg‘ona nohiyasi, Namangan shahrindan muxtalif nomlar ila bir necha gazeta chiqqan esa-da, ismlari xotiramda yo‘qdir. Jurnallar “Al-Isloh” (Toshkand). Qora fikrli ulamo va sarvatdorlarning nashri afkori bo‘lgan bu diniy va taassub majmuasi javonlar ila gurasha-gurasha, bir yil qadar davom etgandan so‘ng O‘ktabr inqilobidan so‘ngra yopildi. “Izhor ul-Haq” (Toshkand). Muharriri – Sadriddinxon. Noshiri “Fuqaro” jamiyati. Bu majmua moʻtadil maslakli bo‘lib, javonlarni mudofaa etar, xalqni hurriyatga va taraqqiyga targ‘ib etar, ulamolarga qarshi qalam qo‘llanardi. 5 6 oy davom etib qopatildi. “Bayon ul-Haq” (Toshkand). “Izhor ul-Haq” o‘rniga chiqqan bu majmuaning noshiri “Madaniya” shirkati edi. Avvalgining yo‘li ila ketardi. “Yurt” (Xo‘qand shahri) – adabiy majmua. Muharriri – Ashurali Zohiriy. Noshiri-da o‘zi. 5-6 no‘mer chiqqandan so‘ngra moddiy jihatdan siqilaroq yopildi. “Kengash” (Xo‘qand), muharriri – Hamza Hakimzoda. Noshiri – muallimlar jamiyati. 3 4 no‘meridan so‘ng himmatsizlik sababli yopildi. “Ishchilar dunyosi” (Toshkand) – susiyolist fikrli. Noshiri – musulmon amalalari sho‘rosi. Muharriri – Gʻozi Yunus. 15 kunlik bo‘lgan bu majmua 7 no‘meriga qadar davom etib, moddiy jihatdan yopildi. Bu majmua ulamo va sarvatdorlarga qarshi cho‘q shiddatli yozar edi. “Chayon” (Skorpion) – yarimtotor shevasinda Toshkandda nashr etilgan bu hajviy majmuaning muharrir va noshiri – Xalaf To‘lako‘f. Bosh muharrir esa Ibrohim Tohiriy edi. So‘ng “Cho‘l chayoni” nomiga tabdil etilgan bu majmua ikki yil qadar davom etdi. Rasmlar va ba’zi maqolalarni “Mullo Nasriddin” majmuasindan o‘g‘irlardi. “Sadoq” – (Gulla) Yettisuv viloyati Olmaota shahrinda chiqqan bu hajviy majmua 5-6 oy davom eta bildi. Hajviy jihati yaxshi, faqat shaxsiyatga cho‘q keng maydon berardi. Shevasi – yarimtotorcha, muharriri – Zarif Bashiriy. Noshiri yoshlar tashkiloti edi. Turkistonda tartibli maktablar So‘ngg‘i vaqtlarda Turkiston atrofinda tartibli maktablarga ehtiyoj bik naq sezila va yaxshi onglashila boshladi. Bir shaharlardagina tugal, ovullar (qishloqlar) bila buning keragin bila boshladilar. Farg‘ona viloyatinda ovullar shaharlardan olg‘a ketdilar deyarga-da yoriy. Masalan, Andijonning o‘zinda ko‘ngil tutararliq bir maktab bo‘lmag‘ani holda uyazinda bo‘lg‘an Jalolobodda Tojrizo Badaliy afandi tarafindan 3 shoʻbali zo‘r bir maktab ta’sis etildi. Maktab har jihatdan hifzi sihatga muvofiq; zo‘r va yoqti. Namangondan bir muallim olinub yangi usulg‘a solindi. Shuluq uyazda Izboskandda Jo‘raboy afandi tarafindan yana bir maktab ochildi va Xo‘qanddan muallim ketirilub 50-60 bola tartib bilan o‘qitula boshladi. Maktab hifzi sihatga (gigiyena – I.M.) shul qadar muvofiq, keng va tamizdirki, bunday maktab Andijon, O‘sh va Marg‘ilon shaharlarinda-da yo‘qdir. Xo‘qandda Kamol Qozi tarafindan soling‘an maktabgina bunga muqobala etsa eta olur. Xo‘jand uyazi Histivozdada bir maktab ochildi. Madrasai Oliyada o‘qug‘an Muhammadjon afandi muallimlik eta. (Bu kishi “Sadoi Turkiston” yozuvchilarindan – muallif.) Muna shulardan ochiq ko‘rinadirki bu kun Turkiston ovullarinda maktabka ehtiyoj shaharlarga qarag‘anda yaxshiroq onglashilub boradir. Shahar ko‘brak mavdo ortindan bora. Ammo ovul xalqi haqiqiy ilm va hunar izliy. Masalan, atrofindag‘i ovullardan allaneqadarsi (allaqanchasi – I.M.) tartibli maktabli bo‘lub turg‘anda Andijonda tilga olurliq yolg‘iz ikki maktab bor: 1) si Ziyoiddin afandi maktabi, 2) Toshkandlik Hasan qori maktabi. Boshqalari hanuz qanoat qilinurliq bir holga kela olmaylar. Turkistonning jon tomiri “Turkpravda” yo‘ldoshimiz-da o‘rtoq Yefanif “Sug‘orish ishchilari hozirlash” to‘g‘risida bir maqolacha yozib, bu muhim mas’alaning shu kungi vaz’iyatidan bir oz ma’lumot berib o‘tadir. Bizning Turkistonda sug‘orish ishlarining ahamiyati ma’lum. Bu to‘g‘rida gazetalarda, yig‘inlarda, qurultoy va kengash majlislarida juda ko‘b gap-so‘z bo‘ladir. Juda ko‘b qaror va tilaklar chiqariladir. Lokin jahon urushi va ayniqsa ichki urushlar boshlang‘andan beri sug‘orish yo‘llari (anhor, soy, ariq va hokazolar) tuzalish emas, buzulish bilan kelmakdadir. Turkiston, ozuq va g‘alla yetishdirish bilangina qolg‘an vaqtlarda ham, sug‘orish yo‘llarining ahamiyati kamaymaydir. Lokin mana bu yilgidek paxtag‘a ko‘brak ahamiyat berib, uning uchun markazdan ulgurji pul chiqarilg‘an vaqtda sug‘orish yo‘llarining ahamiyati juda zo‘rayadir. Shuni tushunub bo‘lsa kerak, markaz Turkistonning sug‘orish ishlari uchun oltun hisobi bilan 6 milyon so‘m pul chiqardi. Pul bo‘lg‘andan so‘ng uni ishlatish, ayniqsa “sarf qilish” juda oson. Faqat, ishlatilgan yerdan unum chiqarish mas’alasi qiyinroq. Demak, istaymizkim, oling‘an pullar o‘z yo‘li bilan o‘z joyig‘a keta berar, yangi ariqlar kavlatilar, buzulg‘an ariqlar tuzatilur. Suv chiqmag‘an yerlarga suv chiqarilur. Faqat, bularning hammasiga odam kerak, ishchi kerak. O‘rtoq Yefanif bu to‘g‘rida gapirib turub: “Aniq ma’lumdirkim, ariq oqsoqol va miroblar bilan taraqlay olmaymiz. Yaxshi hozirliq ko‘rgan bir muncha ishchilar, ya’ni: suv texnigi, muhandis va boshqalar kerak. Ular esa bizda yo‘q.” deydir. Bu to‘g‘ri, bu rost. Shunday bo‘lg‘andan keyin u ishchilarni yetishtirmak kerak. Yetishtiraturg‘an muassasalarimiz bormi? Bor bo‘lsa qanday holda? Bu to‘g‘rida gapni yana o‘rtoq Yefanifdan eshitaylik: “Bu kun bizning qo‘limizda suv texniklari tayyorlayturg‘an birgina muassasa bor. Muassasa Toshkantdagi kechlik texnikumdirkim, bizning ixtiyorimizni sira ta’min qila olmaydir. Shu kunlarda sug‘orish ishlari to‘g‘risida bir kengash majlisi bo‘lub, suv texniklari yetishdirish to‘g‘risida bir muncha kundalik yo‘llar ko‘rsatdi”. Bu kengash majlisining ko‘rsatgan yo‘llari orasida: shu ko‘klam va yoz oylarida suv texniklari yetishtiraturg‘an bir muncha o‘rta maktablar ochish; Bayramalida suv o‘nboshilari maktabi ochish; kelgusi yilda esa Samarqand, Poltoratsk va Olmaotada suv texniklari maktabi ochish niyati bordir. Durust, bular ko‘b yaxshi tadbirlar, ko‘b yaxshi yo‘llar. Endi mas’alaning boshqa bir muhim jihati bor, u-da shu maktablarga yerlik xalqni ko‘brak tortish mas’alasi. Bu to‘g‘rida o‘rtoq Yefanif qisqag‘ina qilib, shu to‘rt og‘iz gapni aytib o‘tadir: “Suv texniklari yetishdiraturg‘an maktablarga yerlik xalqni jalb etish maqsadi bilan har bir maktab yonida tayyorliq sinflari ochmoqchi bo‘lunadir”. “Ochmoqchi bo‘lunadur”- bu niyat “tayyorliq sinflari” – maktabning ko‘lankasidir. Bularni ham qilaturg‘an bizning “Turkprofubar” va “Turktorkompros”… Mas’ala muhim, Turkistonning jon tomiri, faqat, nimaga ekanki ko‘ngil to‘lmaydir. Turkiya – Rusiya muohadasi Turkiya – Onato‘li hukumati bilan Rusiya sho‘rolar hukumati orasida o‘tgan mart oyining tugallanishida siyosiy bir muohada yasalg‘onlig‘i vaqtida yozilib o‘tgan edi. Hozir Qrimda chiqaturg‘on “Yangi dunyo” gazetasidan mazkur muohadanomaning moddalarini ko‘chiramiz: 1-Ushbu muohada bo‘yincha, ikki tomondan biriga tegishli bo‘lg‘on biror muohadani ikkala tarafning birisi tasdiq qilmasa, qolg‘on biri ham tasdiq etmon. 2-Turkiyaning tuprog‘i, Turkiya millat majlisining 1920-yilda qabul qilg‘on Milliy Misoq ahdnomasi bo‘yicha ta’yin qilinadir. 3-Naxachivan viloyati Ozarbayjon jumhuriyatining qo‘li ostida o‘z boshliq va imtiyozliq o‘lka sanalur. 4-Ordahon, Ortavin va Qovus viloyatlari turklarniki bo‘lur. 5-Sharq millatlari o‘z istak va orzularig‘a muvofiq qandog‘ hukumat va idora usulini qabul etsalar, shuni har ikki taraf qabul etar. 6-Istanbul – Turkiyaning poytaxti deb topilur. 7-Bo‘g‘ozlardan tijorat kemalarining sarbast (erkin) o‘tub yurushlarini ta’min qilmoq uchun qora tengiz va bo‘g‘ozlarg‘a tegishli bo‘lg‘on nizomnomalar, Qora tengiz bo‘ylarida bo‘lg‘on hukumatlarning vakillari tomonidan belgilanur. 8-Rusiya bilan Turkiya orasida bo‘lg‘on eski ahdnomalar va Turkiyaning Rusiyadan olg‘on qarzlari yo‘q qilinur. 9 – Ikkala tarafning har biri ikkinchisi tarafidan yoki unga qarashliq guruhlar tarafidan hukumatni qo‘llamoq harakatiga yoki unga qarshi kurashmak istagan firqalarg‘a yo‘l bermas. Turkiyada saylovlar Inqilobchi bosh Turkiyada yaqin o‘rtada umumiy bir saylov bo‘lub o‘tdi. Saylovning muqaddimasi qanday belgilanishi, qanday ahvol va vaziyat ichida saylovg‘a kirishilgani to‘g‘risida bizga ba’zi narsalar ma’lum. Lekin, saylovning qanday davom etib, nima bilan tugalgani to‘g‘risida teleg‘ram va na gazetalarda hozirg‘acha hech narsa ko‘rganimiz yo‘q. Ma’lumdirkim, ittihodchilar firqasi mamlakatni halokat qirg‘og‘ig‘a keltirib qo‘yub, Ovrupo urushining tugalish kunlarida o‘zi ham tarqalib ketdi; uning mamadana va qaynar qonliq oqsoqollari, hammasi har tomong‘a qochib bitdilar. Uning o‘rnig‘a o‘lturg‘an faylasuf tabiatlik, janjal va g‘alvaga tobi yo‘q e’tilofchilar bo‘lsa, Turkiya davlatini ko‘mishdan boshqa narsa bo‘lmag‘an mashhur “Sevr muohadasi”ga bemayl va xotir qo‘l qo‘yub berdilar. Nihoyat, Sevrda ahdnoma bog‘lashqan ittifoqchi jahongirlar muohadaning asoslaridan chetga chiqib, Turkiyaning tegilmas joylarig‘a ham qo‘l uzata boshlag‘andan so‘ng bir necha fidokor yosh turklarning rahbarligi ostida butun Onato‘li xalqi, qishloqlari bosh ko‘tardilar. Istanbulning go‘zal, chiroyliq o‘rdalariga Vahididdin degan bir “qo‘g‘urchoq”ni “sulton” qilib o‘tquzub qo‘yub, o‘zlari Onato‘li isyonchilari bilan kurashishga kirishgan afandilar butun turk xalqiga va balki butun dunyog‘a Turkiyaning qolg‘an-qutqanlarini ham orinmasdan birovlar qo‘lig‘a topshirishdan boshqa vazifalari bo‘lmag‘anlig‘ini ko‘rsatdilar. Bu orada ikki yil o‘tdi. Inqilobchi Onato‘li hukumati xalqning butun kuchini “Buyuk Millat majlisi” tegrasiga to‘plab turub, Turkiyaning istiqlolini saqlab qola oldi, to‘g‘risi, ulug‘ bir sharaf bilan saqlab qoldi. Turkiyaning qo‘lidan qaytmasliq bo‘lub chiqdi deyilgan yerlarni yana Turkiyaga qo‘shdi, uladi. Yengguvchi turk qo‘shunini Istanbulning darvozasi oldig‘a keltirib qo‘ydi. Bir tarafdan Istanbul va bo‘g‘ozlar uchun katta davlatlar bilan so‘z va siyosat kurashi boshlag‘an yosh Turkiya, ikkinchi tomondan pishiq va tublik bir hukumat qurmoq uchun umumiy saylov e’lon qildi. Ya’ni: Turkiya Buyuk Millat Majlisi ko‘bchilikning tekis aralashishi bilan saylanib qo‘yulmoqchi bo‘ldi. Mamlakat ming azob bilan halokat qirg‘og‘idan qutulmoq uchun tirishqan choqda turlisi turli yoqda “g‘arib” bo‘lub yurgan burung‘i oqsoqollar saylov chog‘ida qaytadan ko‘runub qoldilar. Tarqalg‘an Ittihod firqasining saylovlarg‘a juda “jiddiy” aralashmoqchi bo‘lg‘anlig‘i to‘g‘risida Istanbul gazetalarida xabarlar bo‘ldi. Ikkinchi gruppa nomi ostig‘a yig‘ilg‘an bir to‘da Turkiyaning yosh va inqilobchi hukumatiga saylovlar orqaliq jiddiy zarba berish uchun yeng shimarg‘an edi. Bu to‘da burung‘i firqalarning birartasimi, yoki yangi paydo bo‘lg‘an ayrim bir firqami, bu haqda teleg‘ramda hech narsa bildirilmadi. Har holda, bu firqaning teskarichi to‘ralar va o‘ng mullalar bo‘lishi ehtimol. Saylov chog‘ida bu firqa va boshqa siyosiy firqalar bilan chinakam to‘qunushaturg‘an firqa esa, boshida Mustafo Kamol bo‘lg‘an “Xalq firqasi” yoki “Mudofaai huquq” tarafdorlari edi. Saylovlar shu ahvol va shu sharoit ichida boshlandi. Bu saylovlar oxir borib nima bilan tugagandir, bilmadik. Faqat, siyosat olamida, ayniqsa Luzon kanferensiyasida bo‘lg‘an ba’zi zo‘r vaqealarga qarab, saylovda ham g‘alabaning kim tomonida bo‘lg‘anini bir daraja bilmak mumkindir. Turkiyani halokat chuquridan qutuldirg‘an Turkiya milliy hukumati, so‘ng vaqtda siyosat maydonlarida ham katta g‘alabalarga erishdi. Ittifoqchi jahongirlar, birinchi Luzonda hech narsa chiqara olmag‘andan so‘ng, ikkinchi Luzonda taqdirlariga tan bermakka, inqilobchi xalqning kuchi oldida bo‘yun egmakka majbur bo‘ldilar. Turkiya bilan bitishish teleg‘ram xabariga qarasaq bo‘ldi hisob. Tez fursatda tub yarash muohadasizga ham qo‘l qo‘yulur. Undan so‘ng anglizlar Istanbulni bo‘shata boshlag‘aylar. Buning uchun hozirdan tayyorliq boshlandi. Katta, janjalliq mas’alalardan Turkiyadagi ajnabiylarning huquqiy mas’alasi Turkiya foydasig‘a tugaldi. Yunonistonning qo‘shun yig‘ib, po‘pisa qilishidan hurkkan kishi bo‘lmadi. Yunoniston, tazminot o‘rnig‘a qora og‘och istansasini (Edirna tomonda) berib qutuldi. Turkiya o‘zining tugal istiqloliyati, butun borlig‘ini qaysi kuch va qaysi gruppa orqasida saqlab qola oldi? Bu savolning javobi ochiq ko‘runub turg‘andan so‘ng, saylovlardag‘i g‘alabaning ham kim tomonidan bo‘lishi sezgi bilanoq bilinib qoladir. Turksoyuz va yerlik xalq Yangi Iqtisodiy Siyosat davrida eng muhim bir muassasaga aylangan Turksoyuz to‘g‘risida gazeta betlarida xiyla ko‘b yozildi, xiyla ko‘b tanqid etildi, so‘kuldi, lokin, bu bechora muassasaning tublik suratda tuzalgani ko‘rulgani yo‘qdir. Bu idoradan yerlik xalqning mehnatkashlari bir chaqaliq foyda ko‘rdi deb da’vo qilg‘an kishi – bu da’vosi oldida o‘zi uyalmoqqa majburdir. Bu idoraning umuman yerlik xalq bilan, o‘shal yerlik xalqning foydasig‘a bo‘laturg‘an aloqa va munosabati yo‘qdir. Uning yerlik xalq bilan bo‘lg‘an munosabati yerlik xalq qo‘lidan oziq-ovqat va har xil boshqa mollarini sotib olish va bir necha musulmon qorunlarini to‘yg‘azish, semirtishdan iboratdir. Musulmonning eng vijdonsiz, iflos hannotlari, eng maslaksiz qorin bandalari uning vakili bo‘lub olg‘anlar. Bu haqiqatlar yangi kashf etilgan haqiqatlar emas, hammaga ochiq ravshan, ma’lum bo‘lg‘an hollardir. Buni qaytadan yozib o‘lturmoqning foydasi-da, kerakligi-da yo‘q edi. Lokin, Turksoyuzning yerlik xalqqa qarashini ochiq ko‘rsataturg‘an bir voqea, bizni shu satrlarni yozmoqqa majbur etdi. U-da shundan iboratdirkim, Turksoyuzda Turkiston dorulfununining ijtimoiyot shoʻbasi uchun bir necha istipendiya (joy) bor ekan. Bizning olg‘an ma’lumotimizg‘a qarag‘anda mazkur joylarda birgina bo‘lsun yerlik xalq yigitlari bo‘lmay, hammasi ovrupolilarg‘a tahsis etilgan ekan. Bizning ko‘z oldimizda yerlik xalq yoshlarining “Ko‘mak” uyushmasi oliy maktablarga kirmak istagan o‘zbek yoshlarini qandog‘ qilib joylashni bilmay, o‘zini har yoqqa urub turg‘an choqda shu holatni ko‘rgandan so‘ng o‘zimizni to‘qtata olmasdan, ixtiyorsiz: – Hoy uyatsizlar! – demakka majbur bo‘lamiz… Tursunoy sahnada «…ba’zida allanimalarni umid qilg‘an bo‘lasan kishi, lekin baxtning shohi etagi sira tutqin bermaydi…» («Ikki boyg‘a bir qarol» piyesasida Klariche – Tursunoyning so‘zlaridan») 1 «Ikki boyg‘a bir qarol» piyesasida Klariche ro‘lini har to‘g‘rida yaxshi va jonli qilib o‘ynag‘an Tursunoy Klarichening shu alamli so‘zlarini sira ta’sirli qilib ayta olmas edi. Bu qisqag‘ina jumla, agar yaxshilab aytilganda, o‘z tilagiga erisha olmag‘an bir qizning og‘ir fojiasini har qanday tosh ko‘ngillarga ham sezdira oladi; har qanday metin yurakni ham bir qadar qaltirata oladi. Ammo bu jumlani Tursunoy o‘ynag‘an Klarichedan eshitganlar necha marta eshitgan bo‘lsalar hammasida ham hijir alam ta’siri(ni) ololmadilar, juda bo‘lsa yengilgina bir kulib qo‘ydilar… Bizning bu gaplarimizdan Tursunoyning hunarsizligini anglamoqchi bo‘lg‘anlar bor esa shoshmasinlar! «Bir qarol»ni sahnaga qo‘yg‘an kishi – rejisso‘r so‘nib borayotkan Dorabek (feodal) oilasining erka va nozli qizi Klarichega shunday bir tabiat va xulq bergan edikim, uning dunyo-dunyo alam va iztiroblari ham hech kimda hech qanday marhamat sezgisi qo‘zg‘atmas edi. Demak, o‘z muallimining shu mafhumda bergan ro‘lini shogirdi Tursunoy juda yaxshi bajarib chiqqan: shunday alamli bir jumlani aytgan vaqtida uni hech kim qizg‘anmag‘an. Zotan, Tursunoyning o‘z tabiati va xulqi shu edi. Uni ko‘rgan vaqtlarimda men hamma vaqt shoirning shu to‘rt yo‘l baytini eslar edim: Turmushning o‘zisiz deya olmayman, Chunki yuzingizda doim jilmayish, Qayg‘i-alamlarni ermak qilasiz, Ehtiyoj qoshida go‘dak bolasiz… Tursunoy juda jonli va sho‘x bo‘lsa-da, «turmushning o‘zi» emas edi, chunki u «doim kulib va jilmayib» yurar edi, holbuki, turmush hamma vaqt va har kim uchun «o‘yin-kulgi» emasdir; unda «echkiga jon qayg‘i, qassobg‘a yog‘» degan hikmat hali ham butun dahshati bilan hukm surib keladi. Dunyoning yolg‘iz oltidan biridagina ezilganlar ezganlarga qarshi qo‘zg‘alib, yoruq dunyo tuzish yo‘lida ish boshladilar; jiddiy, astoydil va hayajonli ish boshladilar, lekin dunyoning oltidan besh hissasida haligi hikmatni haq deganlar hukm surib keladilar, hukm! Mana shu uchun «doim o‘yin-kulgi»dan bo‘shamag‘an, hamma vaqt «qayg‘i-alamlarni ermak qilg‘an», ehtiyojini sira pisand qilmag‘an, uning oldida «go‘dak bola» kabi beparvo yurgan Tursunoy, albatta, turmushning o‘zginasi emas edi. Shu uchun u turmushning o‘zginasini to‘g‘ri aks etdirgan asar va ro‘llarda muvaffaq bo‘lolmasdan, hamma vaqt jiddiyatdan kulgan narsalarda muvaffaq bo‘lub keldi. 2 Dorabek qizi Klariche turmushda, haqiqatda, balki, muncha yengil va muncha erka bo‘lmag‘andir. Yuqoridag‘i jumlalarni u, balki, yig‘lab turib gapirgandir. Lekin Klariche – Tursunoy uni bizga boshqacha qilib, u boy qizidan kulib, uni ermak qilib ko‘rsatdi. Tursunoyning sho‘x va o‘ynoqi tabiati ham bunga katta yordam qildi. Tursunoy Klarichesida bir umr esdan chiqmaydurg‘an joylar bor edikim, bilmayman, yosh sahnamiz yana o‘shanday bir tasvirni qachon ko‘ra oladi. Yosh «nomahram» va sevilmagan bir erkak («Beatricha») bilan yolg‘iz bir uyda qolg‘an va ota-onaning rizolig‘i uchun u bilan xushchaqchaq qilib gaplashishga majbur bo‘lg‘an Klariche (xuddi bizning o‘zbek qizlari kabi!) birdan qoshidag‘i erkakning erkak emas, xotin bo‘lg‘anini eshitadi. Shunda Tursunoy yugurib o‘sha erkak kiyimli xotinning yonig‘a boradi, uning xotin-erkakligini bilish uchun ba’zi bir sinashlarni qilib o‘tkazadi: mo‘ylavini ko‘radi, tanlarini siypalab qaraydi, o‘tkur va, ayni holda, o‘ynoq-sho‘x ko‘zlari bilan qarshisidag‘i odamni boshdan-oyoq bir suzib chiqadi: so‘ngra xotinlig‘ini juda ochiq bildiraturg‘an bir ishni qiladi – ya’ni uni qitiqlab ko‘radi, shunda ikkalasi ham tamom xotinlar kulishi bilan kulib yuboradilar… Shu bilan qarshidag‘i erkakning xotinlig‘i aniq bilinadi. Ana o‘sha sinash vaqtida Tursunoy yengil, yumshoq va xuddi o‘ziga maxsus harakatlar bilan shunday shirin bir o‘yin berar ediki, endi uni, bilmadik, kim bera oladi. So‘ngra erkak qiyofatli xotin bilan do‘stlashadi, qalinlashadi, dardlashadi. U xotin mundan shu do‘stlik hurmatiga bir o‘pish so‘raydi, so‘rag‘anda ham erkaklarcha emas, xotinlarcha so‘raydi. – Keling, bitta o‘pib olay! – deydi. Shunda Klarichening bir uyalishi bor, oddiy so‘zlar bilan aytiladi: – Yo‘q, men uyalaman… Lekin shu oddiy so‘zga Tursunoy shunday bir ohang beradiki, u oddiy so‘z butkul tanimaslik bir holga keladi va xotin-qiz uyalishlarining eng nozik bir onini juda shirin qilib ko‘rsatadi. So‘ngroq Klarichening yana bir nozik o‘yini keladi: u o‘zining asl sevgilisi bilan (ahmoq va telba Silvio bilan!) bir uyda yolg‘iz qoladi. Boya «erkak qiyofali» bir odam bilan xilvatda bir oz gaplashib qo‘ymadimi? Ahmoq kuyov u odamning xotin bo‘lganini bilmaydi, Klariche esa buni ayta olmaydi (chunki aytmaslikka ahd qilg‘an); shu uchun kuyov yigit undan xafa, o‘pkalangan, uni «jirkangich xotin!» deb so‘kadi. Bu unga: – Men sizni butun ko‘nglim bilan sevaman! – desa, u bunga: – Men sizni butun qalbim bilan yomon ko‘raman! – deydi. Nihoyat, Klariche ahmoq kuyovini o‘lim bilan qo‘rqitmoqchi bo‘ladi-da, orada mana bu gap o‘tadi: «K l a r i ch ye: Agar shu sitamlaringizni tashlamasangiz, men o‘laman! S i l v i o: Sizning xiyonatingizni ko‘rgandan ko‘ra o‘ligingizni ko‘rsam yaxshi. K l a r i ch ye: Bo‘lmasa, men sizni xursand qilishga yarayman! S i l v i o: «Jon» deb ko‘raman bu tomoshangizni…» Shundan so‘ng Klariche qilichni qo‘lig‘a oladi va hazilakamdan o‘zini o‘ldirmakchi bo‘ladi. O‘shanda Tursunoyning juda bebaho harakatlari bor. Qilichning o‘tkurmi-yo‘qmi ekanini bilmak uchun uning tig‘ig‘a qo‘lini tegizib ko‘radi, shunda qo‘li tegar-tegmas qo‘rqib tortib olishlari va qilichning uchini emas, sop tomonini ko‘ksiga qo‘yg‘ani holda og‘riq, iztirob va qiynalishni yolg‘iz yuz harakatlari bilangina shuncha ochiq va go‘zal ko‘rsatishlari katta mahoratning borlig‘ini bildiradi. Umuman, Klariche ro‘lida Tursunoy juda berilib o‘ynab, uning ichida erkin-erkin yashar edi. Shubhasiz, u ro‘lga bizdan yangi kuchlar chiqadi, yangi narsalar beradi, ko‘rsatadi, lekin Tursunoyning o‘ziga xos harakatlari o‘zi bilan birga ketgan bo‘ladi… Adib Fitratning sodda, lekin qiymatli bir asari bo‘lg‘an «Arslon»da Tursunoy kichkina bir ro‘lni o‘ynar edi. Tursunoyning qudrati va quvvati o‘sha kichkina ro‘lni ham ulkanlar qatorig‘a chiqardi, bir ko‘rinib o‘taturg‘an Zaynabni bir umr unutilmas tasvirga aylantirdi. Zaynab – Mansurboyning katta xotini. Uning ustiga Mansurboy Sharofat deganni olg‘an: endi uning ham ustiga To‘lg‘an degan kambag‘al bir qizni olmoqchi bo‘lub yuradi, Zaynab erining bevafolig‘i va zanparastligiga bir zamonlar xo‘b yonib-kuygan bo‘lsa kerak. Endi uning rashk olovlari o‘chgan: u o‘zi ham o‘sha qishloqning imom domlasi bilan (duo, em, qaytarma va hokazolar bahonasida) o‘ynashib yuradi. Zaynab bilan domlaning Zaynabga xos uyda bazm qurishlari «Arslon»ning eng go‘zal va qiziq ko‘rinishidir. Har safar diqqat qilaman: xalq, tomoshachi o‘sha ko‘rinishda doim yashaydi, unga «jon» kirib turadi. O‘sha ko‘rinish qayta-qayta olqishlanadi. U olqishlarning ko‘pi, shubhasiz, Tursunoyg‘a borib tegishi kerak. Chunki u Zaynabda so‘z ohangi (intonatsiya) bilan harakat (dvijeniye)dan birlashgan ajoyib, go‘zal, yangi va asil o‘yinlar beradi. U o‘yinlar rejisso‘r ko‘rsatgan sahna chiziqlari ichida Tursunoyning o‘z ijodlari, o‘zi yaratkan badialar edi. Unda Zaynabning bir so‘zi bor, oddiy so‘z, xotin-qizning turmushidag‘i mayda, lekin xarakterli so‘zlaridan: – Boyingiz ham qursin! Tuturiqsiz! Kunda bir xotin olib, nima qilar ekan? Bu so‘zni Tursunoy o‘ynag‘an Zaynabning og‘zidan bir marta eshitgan kishi yana qaytib-qaytib eshitmak istaydi va bundan so‘ng u so‘zni aytadurg‘an Tursunoyning butkul yo‘qliqqa ketganini o‘ylasa, chinakam alam va hasratlar ichida qoladi. Tursunoy u so‘zga juda g‘alati bir so‘z ohangi berib gapirgach, o‘sha gapning o‘lchovi bilan yerga o‘ltirib qolardi. Bu, albatta, uning «vazn» va cholg‘i quvvatini ko‘rsatadi. Yana o‘sha ko‘rinishda Zaynabning mana bu so‘zlari ham Tursunoy o‘ynag‘anda juda ajib bir so‘z ohanglariga ega bo‘lar edilar: – Lo‘li xotin, meni tushunmaydi deb o‘ylaysanmi? Juda yaxshi bilaman. So‘ngra: – Sharofatning jodusi bilan To‘lg‘an o‘lsa, mening jodum bilan Sharofat o‘ladi! Bu sodda, lekin Tursunoy og‘zida shirin va go‘zal jonlang‘an so‘zlarning ohanglari uning o‘zi bilan birga o‘ldilar. O‘rnig‘a kelgan boshqa ohang, albatta, boshqalig‘ini sezdirib turadi. 3 «Halima» va «Turondod» to‘g‘risida gaplashishni boshqa vaqtg‘a qoldiraman. Tursunoy bir maqolaning zamini emas, bir necha maqola kerak. Tursunoy yengil par kabi bir uchib o‘tdi. To‘zg‘an pardan hech narsa qolmaydi. Ammo uning yaratQan ro‘llari sahnamizni bir yilgina bo‘lsa ham yaxshi yoritdi, nurlantirdi. Ukraina bandurachilari Bizning sevimli mamlakatimizda ingichka san’at ishlariga boshqacha ahamiyat berilmoqda. Narigi dunyoda – kapitalistik G‘arbda – ingichka san’atdan va unga mansub kishilardan har bir narsa yo‘q bo‘lgan bir davrda san’atning bizdagi bu azizligi ko‘p narsalarni anglatib turadi. Bizda kundan-kun o‘sayotgan ingichka san’at, ayniqsa, so‘ng vaqtlarda juda ajib va go‘zal tovushlar bermoqda, ya’ni, birinchidan, u o‘z ijodi uchun xalqdan va xalq adabiyotidan ruh va oziq olmoqda; ikkinchidan, quruq shaklchilik o‘yinlaridan qutulib bormoqda; uchinchidan, mamlakatning keng quchog‘ida yashovchi turli-tuman xalqlarning san’atlarini u xalqlarning biri-biriga ko‘rsatish yo‘li bilan internatsional tarbiya jihatidan katta ijobiy ro‘l o‘ynamoqda. Butunittifoq Xalq Komissarlari Soveti qoshida, shu bilan birga, milliy respublikalarning Xalq Komissarlar Sovetlari oldida san’at ishlariga qarayturg‘an alohida qo‘mita tuzilgandan keyin haligi uchinchi jihat, ya’ni millatlarning san’atlarini ularning bir-birlariga ko‘rsatishga alohida ahamiyat berila boshladi. Bu yo‘lda Butunittifoq Xalq Komissarlari Soveti qoshidag‘i San’at qo‘mitasining tashabbusi, ayniqsa, maxtarlikdir. Yaqindag‘ina Maskovda bo‘lub o‘tkan Qozog‘iston san’ati o‘n kunligi, Qozog‘iston cholg‘i tiyotrining Maskovdagi muvaffaqiyatlari, cholg‘i tiyotrining tomoshalariga …butun partiya va hukumat rahbarlarining kelib turishi, qozoq san’ati arboblarining oliy nishonlar bilan mukofotlanishi – bular hammasi yuqorida aytilgan vaziyatni tasvirlaydi. Qozog‘iston o‘n kunligidan burun Maskovga Ukraina o‘pera tiyotri kelib, katta muvaffaqiyatlar bilan Ukraina sovet san’atining yutuqlarini ko‘rsatib ketgan edi. Maskov akademik badiiy tiyotrining bu yoz ichi Ukraina sovetlar respublikasining markazi bo‘lgan Kiyev shahriga borib, tomoshalar berishi bu yil har yilgidek oddiy gastrolchilik shaklidan chiqib, katta bir to‘y-tomoshaga aylanayotir. Tiyotrning kelishiga bir oydan ko‘prak vaqt bor bo‘lsa ham, sovetlar Ukrainasining yangi va go‘zal markazi Badiiy tiyotrni yaxshi qarshilash uchun jiddiy hozirliklarga kirishgan edi. 1937 yilda Maskovda O‘zbekiston va Armaniston san’atlarining o‘n kunliklari belgilangan. Mana shunday go‘zal va katta tashabbuslar chog‘ida Ukraina davlat kopellasi (cholg‘i to‘dasi)ning Toshkentga kelib konsertlar berishi juda vaqtida bo‘lgan va unumli bir ishdir. Bu konsertlarni tashkil etgan Qizil qo‘shun uyi mudirligidir. Bir zamonlar Polsha hukumdorlari, undan keyin Rusiya chorligi tomonidan, yana bir tomondan – o‘z boylari va mulkdorlari tomonidan har taraflama jabr-zulm ko‘rib kelgan Ukraina xalqining shu uzun qulliq yillari orasida yaratgan adabiyoti, kuylari, cholg‘isi juda boydir. Maskovda katta muvaffaqiyat bilan ko‘rsatilgan ikki cholg‘ili asar asosan xalq ijodi ustiga qurilg‘an narsalar edi. U asarlarning Ukrainaning o‘zidagi muvaffaqiyati yana ham kattadir. Shahrimizga kelgan kopella o‘sha keng va boy cholg‘i san’atining bir shaklini, bir bo‘lagini ko‘rsatadi. To‘dada eng ko‘p va asosiy asbob «bandura»* (mandolin shaklida bir asbob)dir. Faqat buning ovozi nozik, ta’sirli va yoqimlidir. To‘dada banduradan boshqa asboblar ham bor (childirma, chang, tsimboli va boshqalar). Bandura bilan birga tub ro‘lni mukammal xor, cholg‘i va yolg‘iz ashulalar o‘ynaydi, xor, cholg‘i va yolg‘iz ashulalarning hammasi muzika bilimining talabiga ko‘ra yaxshilab ishlangan. Shu uchun xorlarning ovozi bir xilda va to‘ldiruchi emas: har xil tovush beradi. To‘dada yaxshi ovozli ashulachilar bor. Programmadagi kuylarning hammasi deyarlik xalq kuylari. Orada «Vinochok» atalgan uch kuyli sho‘x, quvnoq o‘yin maqomlari bor. Bular butun tomosha zalini harakatga keltiradilar. Kuylar orasida Ukraina kuylaridan boshqa rus kuylari ham bor. (Qizil qo‘shunda aytilaturg‘an «Priamur» qo‘shig‘i.) Ukrainaning mashhur tarixiy qahramoni «Mamlyuk»ning qo‘shug‘i tomoshachini eski zamonlarga, Ukrainaning poplar (mulkdorlar) qo‘l ostida ezilgan davrlariga, olib ketadi. Bunday mungli, g‘amli kuylar programning boshig‘a qo‘yulg‘an. Program sekin-sekin quvnoq kuylarga o‘tadi. Biz qo‘shni sovet respublikalari xalqlarining san’atlari bilan ko‘prak tanishuv kerakligini tegishli uyushmalar esiga solib o‘tamiz. Ulamo bosh ko‘taradir Samarqandda chiqaturg‘an “Zarafshon” yo‘ldoshimizda Bektosh o‘rtoq “Ularmolar kimlar?” sarlavhalik bir maqola yozib, ulamoni bunday ta’rif qiladir: “Umaman ulamo so‘zini aytganda ish buzar munofiqlar sinfi ko‘z oldimizha kelib to‘qtaydir. Chunki, bashariyat tarixining sahifalariga bir karra qaralsa, qaysi millat va qaysi mamlakatda bo‘lsa bo‘lsun, butun balolar, fitnalar, muqotalalar hammasi ham shul sinfning oyoqlari ostidan qo‘zg‘alg‘ani ko‘ruladir.” Bu ta’rif to‘g‘ri. Bu ta’rifning to‘g‘rilig‘ini, ayniqsa, ezilgan, yanchilg‘an, mahkum bo‘lg‘an millatlar ortig‘roq e’tirof qilalar. Har bir mahkum millat, mahkum sinf, mahkum el, o‘zining “mahkumligini” tushunub, sabablarini istamakka boshladimi, qarshisidag‘i birinchi va eng lo‘nda sabab – ulamo bo‘lub chiqadir. Shuning uchundirkim, ulamo xalqni qorong‘iliqda, nodonliqda saqlab, sabab surushtirarlik holda keltirmak istamaydir. Shuning uchundirkim, butun kuch-quvvati bilan xalqning ko‘zi ochilishig‘a, bilim-maorif olishig‘a to‘suq bo‘ladir. Shuning uchundirkim, Bektosh o‘rtoq degandek bukun ham: “Shu ig‘volar yana ko‘runmakka boshladi. Endigina tushunub kelayotqan xalqimiz, bularning tashviqlari bilan, yangilikka qarshi yana nafratga kirishdilar. Keyingi vaqtlarda sho‘ro hukumatining yon berishi va Yangi Iqtisodiy Siyosatdan istifoda etib shahar mahallalarida, masjidlarda har turlik ig‘volar ko‘runa boshladi.” Bektosh o‘rtoqning bu yonish kuyushlari, bu ko‘pirish – qaynashlari quruq zamin ustida emas, dalillik, hujjatlik, vuquot qarshisidag‘i faryodlardir. Haqiqatan, ulamo yana bosh ko‘tara boshladi. Yana qimirlamoqqa, qo‘zg‘almoqqa boshladi. Masalan: Bektosh o‘rtoqning xabariga qarag‘anda: “10 nchi dekabrda Samarqand Navganda guzarining imomi, erta namozidan so‘ng: “Yangi sho‘roi maktablar harom, bolalaringizni eski maktablarga yuboringlar” deb fatvo bergan. So‘fi Roziq guzarining imomi erta namozidan so‘ng xalqqa: (man tashabihi biqum…” ishoratini bilan: “yoshlarning kofirligiga fatvo bergan. Hodiyxon degan qozi ham bilim yurti talabalaridan birini unda o‘qumaslig‘i uchun tanbih qilg‘an va hokazo.” Durust. Ulamo bosh ko‘taradir: ulamo yana qimirlamoqqa boshlaydir. Bunga qarshi kurashmak kerak, o‘rtoq Bektosh aytgandek: “Bu ishning oldini olmoq uchun jiddiy ishga kirishmak lozim. Bularga yon berish emas, balki yo‘l qo‘ymasliq kerak”. Bosh ko‘tarib, qo‘zg‘almoqqa, qimirlamoqqa boshlag‘an bu hayot dushmanlarig‘a bizning aytaturg‘an so‘zimiz, “Zarafshon” muharriri o‘rtoq Ismoilzodaning bosh maqoladagi xitobidir: “Mayli, qo‘y! Bu safar ham hayot dushmani ulamo Turkiston ishchi va dehqonlari muqobilida o‘z kuchini sinab qarasun!…” Ulug‘ hindi “Shu narsani yuragim duk-duk urib turub yozdim” desam yo ishonasiz, yo ishonmaysiz. Lekin, yuragim “shamol tekkan yaproqday qaltiraydir…” Bir xil zavq – “nash’a” bilan qaltirag‘an yuragim, butun tanimni silkitadir va qo‘lim ham shu orada yengilgina chayqalib turadur. “Bu nimadan keldi?” desangiz, anglatay: Shu so‘zlarning eng yuqorisida “Ulug‘ hindiy” deb qo‘yubmen-ku, ana o‘sha ulug‘ zot, ya’ni Robindranat Tagor degan kishi, yoshroq vaqtlarida butun dunyoning eng baland tog‘laridan bo‘lgan Himolayaning haybatli yonbag‘irlarida otasi bilan birga sayohat qilib yurgan ekan. O‘sha vaqtlarda ham nippa-ninazin (ya’ni balodek) shoir bo‘lg‘an u buyuk zot hech narsa yoza olmabdir. Shunday ulug‘ Himolayaning ko‘klar bilan o‘pishgan cho‘qqilarida, tun qorong‘isidan ham qalin o‘rmonlar qo‘ynida, shunday katta shoir bir og‘iz narsa deya olmasa, birgina she’r parchasi yoza olmasa-ya? Muni qarang! O‘z tirikchiligiga oid kitobida o‘zi shunday deb yozg‘andan keyin tang‘irqab – hayrat yoqasini ushlab qoldim… Ruschaga tarjuma qilinib, bosilg‘an asarlarining ko‘pini o‘qub o‘tganimdan keyin, shu ulug‘ va qiymatbaho odamni o‘z elimga tanitmoqchi bo‘ldim. Shu niyat bilan qo‘limg‘a necha martaba qalam olg‘an bo‘lsam, hammasida ham qaltiroq bosdi, to‘qtadim… Faqat, meningcha, u qaltiroq bosishlarning va u yurak qaltirashlarning “sirri” ham shu orada bilindi, shundaykim: – Hind dohiysining Himolaya tog‘larida hech narsa yoza olmaslig‘i u tog‘ning juda haybatli, azamat va ulug‘ bo‘lub aqlni shoshirib qo‘yishlig‘idan bo‘lsa, mening u azim zot to‘g‘risida hech narsa yoza olmay qaltiroqlanishim ham u odamning Himolaya tog‘lari qadar haybatli va ulug‘ bo‘lishidan kelgan ekan! Eski adabiyot bilan yangi adabiyotning o‘rtasida qolg‘an sharqli yosh chinakam chuchmal bir vaziyatdadir. Eski adabiyot bir shirin, yangisi yana shirin, g‘arbniki tag‘in – yana shirin. Qaysi bittasiga ko‘proq berilsin? Biri-biridan shirin axir! Bizning o‘zbeklar uchun hali hozirg‘a u xil chuchmallik yo‘q. Nimaga desangiz, o‘zbeklar eskidan – hech sababsiz! – arazlag‘an, xafa; yangiga – endigina suqulib kirmoqda. U adabiyot maydonida yangilikka nisbatan: yosh bola, go‘dak, chaqaloq, eskilikka nisbatan: yetim, kimsasiz; (безпризорный), o‘zboshli! Jur’at qilib: «yo‘lsiz» deb yuborayin deymenu, qo‘rqamen; negakim boshlab… o‘zim yo‘lsiz! O‘zimning yo‘lsizlig‘imdan bir oz so‘zlab o‘tayin: Navoiy, Lutfiy, Boyqaro, Mashrab, Umarxon, Fazliy, Furqat, Muqimiylarni o‘qiymen: bir xil, bir xil, bir xil! Ko‘ngil boshqa narsa – yangilik qidiradir: Botu, Gʻayratiy, Oltoy, Oybek, Julqinboylarni o‘qiymen, quvontiradir, xolos! Ular mening uchun yong‘an chirog‘lar bo‘lsa ham, mening ertam uchun! Avloniy, Tavallo, Siddiqiy va Hakimzodalarni o‘qumaymen, o‘qumaymen. meni shu holg‘a solg‘an o‘shalar!.. “Nechun ochildi ko‘zim. Qayda ketdi uyqularim?..” To‘qaydan tortib Qavi Najmigacha – tatar adabiyotini, Hodidan tortib Javodga qadar Ozarbayjon adabiyotini (Husayn Jovidni ajratib olib qoldim!), Nomiq Kamoldan Ali Sayfi (A.Sayfi)ga dovur usmonli adabiyotini o‘quymen: yo – ortiq yangilik, g‘arblik, yo ortiqcha sharqlilik! Faqat usmonlichadan Rizo Tavfiqning ba’zi bir yangi shakl bilan eski ruhda aytgan so’fiylarcha she’rlarini o‘quymen; shularga durustgina qonamen; undan keyin Yahyo Kamolning “Sa’dobod” ruhida ba’zi narsalari. Faqat – ular shu qadar ozki… Ana shu vaziyatda ekan, haligi ulug‘ zot menga yo‘luqdi. Shundan keyin chinakam qondim! Qo‘lim qaltirasa ham, yuragim o‘ynasa ham, qudratim yetmasa ham o‘sha “Sharq va Gʻarb o‘rtasidag‘i oltun ko‘pruk”ni elimga tanitmoqchi bo‘ldim. Mundan ortiq bir narsa demak, chinakam, qo‘limdan kelmaydir. Mening qo‘limdan kelgani: u muborak odamning ba’zi bir narsalarini nasr bilan ruscha orqadi tarjuma qilib berish bo‘ldi. Shu ham – katta gap. Quyida uning “O‘roq oy” degan asaridan uchta she’rning tarjumasi bosildi. U she’rlar to‘g‘risida faqat shunigina ayta olamankim, ular yosh bola, ya’ni go‘dak ahvoli ruhiyasini ko‘rsatishda bir-birlari bilan poygak qo‘yishadirlar. Shularni o‘qudim, qaytib-qaytib o‘qudim, undan keyin Hoji Rajabning Shukur va Habib degan kichkina-kichkina bolalari bilan gaplashdim va birga-birga… o‘yun qilishdim! Shunda bildimkim, o‘shalarning har biri: bir Tagor, bir ulug‘ Hindiy! Ulug‘ hindiy «Shu narsani yuragim duk-duk urib turub yozdim» desam yo ishonasiz, yo ishonmaysiz. Lekin, yuragim «shamol tekkan yaproqday qaltiraydir…» Bir xil zavq — «nash’a» bilan qaltirag‘on yuragim, butun tanimni silkitadir va qo‘lim ham shu orada yengilgina chayqalib turadur. «Bu nimadan keldi?» desangiz, anglatay: Shu so‘zlarning eng yuqorisida «Ulug‘ hindiy» deb qo‘yubmen-ku, ana o‘sha ulug‘ zot, ya’ni Robindranat Tago‘r degan kishi, yoshroq vaqtlarida butun dunyoning eng baland tog‘laridan bo‘lgan Himolayaning haybatli yonbag‘irlarida otasi bilan birga sayohat qilib yurgan ekan. O‘sha vaqtlarda ham nippa-ninazin (ya’ni balodek) shoir bo‘lg‘on bu buyuk zot hech narsa yoza olmabdir. Shunday ulug‘ Himolayaning ko‘klar bilan o‘pishgan cho‘qqilarida, tun qorong‘isidan ham qalin o‘rmonlar qo‘ynida, shunday katta shoir bir og‘iz narsa deya olmasa, birgina she’r parchasi yoza olmasa-ya? Muni qarang! O‘z tirikchiligiga oid kitobida o‘zi shunday deb yozg‘ondan keyin tang‘irqab — hayrat yoqasini ushlab qoldim… Ruschaga tarjuma qilinib, bosilg‘on asarlarining ko‘pini o‘qub o‘tganimdan keyin, shu ulug‘ va qiymatbaho odamni o‘z elimga tanitmoqchi bo‘ldim. Shu niyat bilan qo‘limg‘a necha marotaba qalam olg‘on bo‘lsam, hammasida ham qaltiroq bosdi, to‘xtadim… Faqat, meningcha, u qaltiroq bosishlarning va u yurak qaltirashlarining «sirri» ham shu orada bilindi, shundaykim: — Hind dohiysining Himolaya tog‘larida hech narsa yoza olmaslig‘i u tog‘ning juda haybatli, azamat va ulug‘ bo‘lub aqlni shoshirib qo‘yishlig‘idan bo‘lsa, mening u azim zot to‘g‘risida hech narsa yoza olmay qaltiroqlanishim ham u odamning Himolaya tog‘lari qadar haybatli va ulug‘ bo‘lishidan kelgan ekan! Eski adabiyot bilan yangi adabiyotning o‘rtasida qolg‘on sharqli yosh chinakam chuchmal bir vaziyatdadir. Eski adabiyot bir shirin, yangisi yana shirin, g‘arbniki tag‘in —yana shirin. Qaysi bittasiga ko‘proq berilsin? Biri biridan shirin axir! Bizning o‘zbeklar uchun hali hozirg‘a u xil chuchmallik yo‘q. Nimaga desangiz, o‘zbeklar eskidan — hech sababsiz — arazlag‘on, xafa; yangiga — endigina suqulib kirmoqda U adabiyot maydonida yangilikka nisbatan: yosh bola go‘dak, chaqaloq, eskilikka nisbatan: yetim, kimsasiz; besprizornыy, o‘zboshli! Jur’at qilib: «yo‘lsiz» deb yuborayin deymenu, qo‘rqamen; negakim boshlab… o‘zim yo‘lsiz! O‘zimning yo‘lsizlig‘imdan bir oz so‘zlab o‘tayin: Navoiy, Lutfiy, Boyqaro, Mashrab, Umarxon, Fazliy, Furqat, Muqimiylarni o‘qiymen: bir xil, bir xil, bir xil! Ko‘ngil boshqa narsa yaigilik qidiradir: Botu, G‘ayratiy, Oltoy, Oybek, Julqinboylarni o‘qiymen, quvontiradir xolos! Ular mening uchun yong‘on chiroqlar bo‘lsa ham mening ertam uchun! Avloniy, Tavallo, Siddiqiy, Hakimzodalarni o‘qumaymen, o‘qumaymen, meni shu holg‘a solg‘on o‘shalar!.. Nechun ochildp ko‘zim. Qayda ketdi uyqularim?..» To‘qaydan tortib Qavi Najmigacha — tatar adabiyotini, Hodiydan tortib Javodga qadar Ozarbayjon adabiyotini (Husayn Jovidni ajratib olib qoldim!), Nomiq Kamoldan Ali Sayfi (A. Sayfi) ga dovur usmonli adabiyotini o‘quymen: yo — ortiq yangilik, g‘arbliq, yo ortiqcha sharqlilik! Faqat usmonlichadan Rizo Tavfiqning ba’zi bir yangi shakl bilan eski ruhda aytgan sufiylarcha she’rlarini o‘quymen; shularga durustgina qonamen; undan keyin Yahyo Kamolning «Sa’dobod» ruhida ba’zi narsalari. Faqat — ular shu qadar ozki… Ana shu vaziyatda ekan, haligi ulug‘ zot menga yo‘luqdi. Shundan keyin chinakam qondim! Qo‘lim qaltirasa ham, yuragim o‘ynasa ham, qudratim yetmasa ham o‘sha «Sharq va G‘arb o‘rtasidagi oltun ko‘pruk»ni elimga tanitmoqchi bo‘ldim. Mundan ortiq bir narsa demak, chinakam, qo‘limdan kelmaydir. Mening qo‘limdan kelgani: u muborak odamning ba’zi bir narsalarini nasr bilan ruscha orqali tarjuma qilib berish bo‘ldi. Shu ham — katta gap. Qo‘yida uning «O‘roq oy» degan asaridan uchta she’rning tarjumasi bosildi. U she’rlar to‘g‘risida faqat shunigina ayta olamankim, ular yosh bola, ya’ni go‘dak ahvoli ruhiyasini ko‘rsatishda bir-birlari bilan poyga qo‘yishadirlar. Shularni o‘qudim, qaytib-qaytib o‘qudim, undan keyin Hoji Rajabning Shukur va Habib degan kichkina-kichkina bolalari bilan gaplashdim va birga-birga… o‘yun qilishdim! Shunda bildimkim, o‘shalarning har biri: bir Tago‘r, bir ulug‘ Hindiy! Umid sizdan! Muxtoriyat e’lon etildi! Uning to‘g‘risida do‘stlardan ham, dushmanlardan ham ko‘b gaplar eshitdik. Do‘stlarimiz: «Muborak bo‘lsun, xayrlik natijalarini ko‘ringiz!» – dedilar. Ba’zi do‘stlarimiz yopilib-yopilmasdan: «Muxtoriyatingizga «Yashasun!»dan boshqa so‘zimiz yo‘q. Ammo, ammo… hozirlanmag‘an, tayyorlanmag‘an, o‘qumag‘an vaqtingizda bo‘lg‘an Muxtoriyat ilgarigi xonliklarni keltirmasa edi…» – deb qo‘yurlar. Endi bolsheviklarga kelsak, ularning nazarlari juda ochiq va qat’iy: «Bizning so‘zga unasang unading, unamasang – shop»! Boshlaringda qizil gvardiyaning nemisni urib, Berlinni olib, Angliya va Avstriyadagi mazlum millatlarni qutqazub, frantsuzlarning Tunsin yerlilariga olib bergan qutlik qilichi kapalakday pirillar… Xulosa: «Xo‘b»mi? «Xo‘b» bo‘lmasa, Allohu akbar!» Balki, ba’zi muxbir kishilar bolsheviklarni bu darajada ochub ko‘rsatishimizga rozi bo‘lmasalar-da, mendan xafalanadirlar. Ham: «Dalilsiz da’voning qozisi – da’vogarning o‘zi!» – degan gapni takrorlar. Men ularga mavlud kuni Toshkentda to‘kulgan qonlar ila Buxoroda va Xivadagi bolshevik hukumati bo‘lg‘andan keyin(gi) hollarni ko‘rsatsam. «Nasha gazeta»* betlarindagi uzun maqola va xabarlarni o‘qub ko‘ngillari ul tarafga moyil bo‘lg‘anlikdan qanoat etmaslar. Ammo bu kunlarda Andijonda bo‘lg‘an bir voqeani aytsam, ehtimolki, bir oz yumsharlar: Andijonda bolsheviklar Soldat va ishchilar sho‘rosi vositasi bilan sobiq milisiya nachalnigi Samoyluf ismli bir kishini qo‘ymoqchi bo‘ldilar. Duma a’zolari ila aksariyat(ni) tashkil etgan musulmonlar boshqa kishini ko‘rsatdilar, ularning (bolsheviklarning) javoblari yana haligi: «Unamasangiz, qon to‘kiladi!»… Shuning bilan hozir Andijonimiz ko‘ngilsiz voqealar oldinda turadi!.. O‘ylamoq kerak: hozir Nikolay vaqti bilan zamonamizning farqi yo‘q! Nikolay vaqtida gubernaturlar biror kishini hokimlik va boshqa ishlarga o‘zlari tayinlab qo‘yarlar edi. Musulmonlar e’timodsizlik bildursalar, ba’zan boshqani ham qo‘yarlar edi. Bir hokim uchun qon to‘kilganini men eshitganim yo‘q… Shuning uchun hurriyat, adolat va musovot kabi shu’lalar yorqiragan bir zamonda bo‘lg‘an shunday voqelar yana bizning Nikolay asrinda yashadigimizni ko‘rsatadir! Mana shunday hollarni o‘ylaganda ko‘ngullar umidsizlik daryosiga botub, ko‘ngilsizlik to‘fonlarinda g‘arq etiladir. Qalamlar ilgari rahmsiz senzurlardan qo‘rqqanday bo‘lub qog‘ozning yo‘llariga yuz qo‘yishga unamaydirlar… Ana shunday vaqtlarda pastda aytiladirgan voqealar ko‘z oldig‘a kelub, nochor-noiloj yuraklarning favqulodda shodlik ila ko‘tarilishlarindan paydo bo‘lgan ovozni tilini g‘uldiratub aytishga majbur bo‘lasan: «Yashasun Turkiston Muxtoriyati! Bor bo‘lsun haqiqiy va to‘g‘ri yo‘ldagi fuqaholar! Gullab ko‘karsunlar umid yulduzlari bo‘lg‘an yoshlar!» – deb… 1. Toshkentda «Fuqaho jamiyati» bolsheviklarning eng zo‘r suyanchlari bo‘lgan qo‘l kesish va qasosga doir ochiq va yaxshi yo‘l topdi! 2. 1-2 million qahramon turk-tatar askariga tayangan Harbiy sho‘ro bo‘lg‘an holda kallalanub, ochilub, yashnab kelmakda bo‘lg‘an Ishchilar va dehqonlar sho‘rolarining Muxtoriyat bayrog‘i ostida Muxtoriyatga jon va qon fido etishga hozir bo‘lub turishlari; Muxtoriyat (bayrog‘i) ostida qonun va shariat yo‘llari ila o‘zlarig‘a yoruq kun istashlari, ularning ul talablarina millat xodimlarimizning ham yaxshi yuz ko‘rsatishlari. 3. Andijonda «Jamiyatlar jamiyati» tashabbusi bilan bo‘lg‘an shahar va atrof syezdiga hamma jamiyatdan 2 kishidan vakil kiritilg‘ani holda «Sho‘roi islomiya» raisi janoblarining tashabbusi va g‘ayrati ila majlisning jamiyatindan 20 vakil qabul etishi, har ishga ishchilarni yaxshi nazar bilan kirgiza boshlashi. 4. Shu syezdda uloq, to‘y, ma’raka kabi bid’atlarning isroflari tamom bitirilub, sarflari kuch bilan bo‘lsa ham olinub, ochlik bilan azoblang‘anlarga yordam berilishi g‘oyat jiddiy tadbirlarga kirishishga qaror chiqarilish va ul qarorlarning samaralari ko‘rinmakka boshlash. Yana shu syezdda Turkistondagi ortiq yerlarni sug‘orib, ishchilarga topshirub, Turkistondagi musulmon ishchilarni yer bilan ta’min etishga yo‘l ochilishi. 5. Muxtoriyat foydasi uchun Andijonda bo‘lg‘an tiyotrlarda Turkistonning o‘z turk bolasi, gimnaziya shogirdi, 16 yoshlik Sanjar Fozilbek o‘g‘lining Muxtoriyat bayrog‘i ila uning ostiga qilgan ajoyib bir manzaralik rasmining Amriqo usulida auksion (mazoida) 1200 so‘mlarga sotilishi, qahramon xodimi Qo‘chqorboy afandining buyuk hamiyat bilan ul rasmni olishi, boshqalarning ham bu ishka yaxshi ahamiyat berishlari… Bular hammasi, hammasi qorong‘u kechalarda yaltirag‘an yulduzlardir… Bulardan umid, bulardan imon, bulardan ruh ko‘rinadir. Bular bizning istiqbolimizning, keladurg‘an yo‘limizning chaqiriqlari, alomatlari, belgilaridir. Turklar, turk urug‘lari, turk ellari inqirozga, yo‘q bo‘lishga mahkum emaslar. Bular o‘zlarining eski beshiklari bo‘lg‘an Turkistonda yana ilgarigi shavkat va saltanatlarini tirgizarlar. To‘g‘rilik, kenglik, qardoshlik asosiga qurulg‘an taxtlarini (Millat majlislari demakdir) obod qilurlar. Xususan, bizning Turkiston hech vaqtda ham porloq va oydin ertalardan quruq emas ham quruq bo‘lmas! Chunki turk qaynag‘an yerning ismi Turkiston: «Sen qayerliksan?» – deb so‘rama, «Men turkistonlikman!» – der va uning yuragi Turkistondadir. Turkiston nomi bor vaqtda Turkiston ulug‘dur, zo‘rdur, ul 100 milliondan ortiq kuchga tayanub uning ko‘ksiga qilich tiqqani kelganlarga qachon-da bo‘lsa: – Ket, mahv bo‘lursan! Yaqinlama, qul bo‘lursan! – deya va deya olur. Aytingiz onangiz Turkistonga: «Yov so‘qqali kelgach, qilichini yuragingga tut(ish) oldida: «Ol ko‘ksumi, qalqonmi kerakdir?» – deb… Unumlik ish Ma’lumdirkim, yer-suv shoʻbalari tomonidan o‘tkan yillarda dehqonlarg‘a qarz urug‘liq berilgan edi. Kambag‘al, uning ustiga talanub, qoqlang‘an dehqonlar u urug‘liqlardan oz, ko‘b foyda ko‘rdilar, qarz deb berilgandan keyin undirilishi lozim edi. Ham albatta harakat qilinib undirildi-da. Bizning Andijon shahar-uyezd yer-suv shoʻbasi tomonidan ham kambag‘al dehqonlarg‘a qarz urug‘liq berilgan edi. O‘tkan yoz pishiqchiliq vaqtlarida shu urug‘liqlarni qaytarub, yig‘ib olish harakati qilinib, yer-suv shoʻbasi tomonidan o‘sha vaqtda ijroqo‘mg‘a (u vaqtda inqilobqo‘m) bir loyiha kirgizildi. Ijroqo‘m u loyihani ko‘rgandan keyin “qarz berilgan urug‘liqlarni maxsus vakillar orqaliq yig‘ish” moddasini ortiqcha deb topub, u ishni ijroqo‘mning tayyor olatiga (apparatig‘a), ya’ni: rayon, bo‘lus va qishloq ijroqo‘mlarig‘a topshirdi. Ular ham bu vazifani bajarib berdilar. Shuning bilan “maxsus vakillarga” ketadurg‘an ortiqcha chiqimdan qutulindi. Ijroqo‘mning bu xizmati uchun unga muzofot ijroqo‘mining qarori bilan undirilgan dondan bir foizdan mukofot chiqarib berilgan edi. Hozirgacha ijroqo‘m qaramog‘ida turg‘an bug‘doyning 400 pudi maorif shoʻbasiga milliy qo‘mondon qurslarig‘a berildi. Mana bu ish juda yaxshi. Muni qilg‘anlarg‘a barakalla! Ustodning xislatlari Menga M. Gorkiyning eng yaxshi asarlaridan «Ona»ni tarjima qilish sharafi tushgan. Men uni ancha uzoq muddat ichida tarjima qildim. Chunki sevardim, sevganim uchun butun ko‘nglimni shunga qo‘yar va shunga qo‘yardim. Asar o‘zi odamni juda qiziqtiradi, shuningdayki, tarjima qilaturib o‘zim asarning mafhumiga berilib ketaman-da, tarjimani unutib, asarni o‘qib ketaman. Shunday hollar menda ko‘p bo‘ldi va bir necha marta o‘qug‘on joylarimda bo‘ldi. Men ravshan sezamanki, ulug‘ ustod Gorkiy o‘zining klassik ijodi bilan menga o‘sha ijodning maftun tarjimoniga o‘zim sezmaganim holda ta’sirini o‘tkazib qo‘yg‘on. Bu ta’sir mening ro‘manlarimda o‘zimga ko‘runib turadi. Gorkiy — odam do‘sti. Bizning inqilob rahbarlari Lenin va Stalin, odam bolalarining haqiqiy dushmanlariga qarshi omonsiz bo‘lgan bu zotlar, asl insonlarni qanday olijanob bir sevgi bilan sevadilar. Buning dalili minglarcha. Faqat bir Leninning, o‘sha ochlik va qahatchilik yillarida, o‘z nomiga kelgan (uning o‘ziga atab, olis viloyat ishchilari tomonidan ataylab yuborilgan) g‘allani o‘sha bo‘yicha go‘dak uylari va maktablarga berib yuborganini eslasak kifoya. Ulug‘ Stalin tog‘lik qizi Mamlakat bilan ko‘risharkan bu g‘amxo‘r otaning yuzidagi chin sevinch olovining alangalarini eslaylik! Shu birgina misolning o‘zi kifoya. Butun mazlum bashariyatning necha yuz, ming yillik sevgisini o‘zida aks etdirgan u yuz ifodasiga do‘st quvonib, dushman kuyadi. O‘sha sevinch olovi, odam bolasiga bo‘lgan haqiqiy muhabbatning u jilvasi Gorkiyning asarlarida to‘lib yotadi. «Ona»da Onaning obrazi, Sofiya, kasal (mum zavodidagi sil kasal) va boshqa-boshqalar odam bolasini sevishda yozuvchining ko‘ngli poyonsiz bir dengiz ekanini ko‘rsatadi. Gorkiy odam bolasiga muncha mehr va muhabbat ko‘rsatgan bo‘lsa, bu uning o‘z ko‘nglidagi odam sevish xislatidangina kelib chiqqan sub’ektiv bir narsa emas. Bu — yozuvchi mansub bo‘lgan Ulug‘ sinfning umumiy xislati. Buni «Ona»da Gorkiy juda shirin qilib aytadi. Ishchilar birovga bir oz ozor berganlar. Shu haqda ular orasida gap boradi: — Biz bilan ular o‘rtasidagi farqni ko‘rdingmi: birovni sal urib qo‘yibdi-yu (biznikilar—Ch) endi ko‘ngli kir bo‘lib, uyalib, ozor chekib yuribdi. Hammadan ham ko‘ngil kirligini ayt! («Ona», 1-bo‘lim, 27-bob). Gorkiy — shoir. Uning asarlarida faqat bir nasrchi (romanchi) ko‘rinmaydi, har yer-har yerdan nozik ko‘ngulli, go‘zallik sevguchi va tabiat maftuni bir shoir kelib chiqadi. Men o‘zim har qanday nasrli asarda (roman, hikoya) go‘zal tashbehlar va tabiat tasvirlarini yaxshi ko‘raman. Gorkiyda bu narsalar ko‘p emas, oz; uning shirinligi ham shundan. Ular juda ko‘p bo‘lib ketsa, rassomning san’at asari qolmaydi-da, bo‘yoqchi (sirchi)ning andozasiz va san’atdan mahrum chizma chizig‘i qoladi. Gorkiy har qanday tabiat manzarasini jonlantirib, unga jon kiritib, uni ko‘z oldimizga shundoqqina kelib to‘xtaydig‘on qilib oladir. Uning jonli romanlari u yoq bu yoqda yuboradilar: u tasvirlagan olovning alangasi yonib turgan quruq havo emas, u o‘ynaydi, o‘ynab, qimirlab siz-bizga o‘xshagan yashab turadi: «U o‘t yana tutashdi, lekin bu daf’a ilgarigidan kuchliroq, yorug‘roq; ko‘lagalar yana o‘zlarini o‘rmonga urdilar. Yana o‘t tegarasiga yopirilib keldilar va gulxan atrofida, unsiz, yovlar o‘yinini boshlab, qaltirashg‘a tushadilar. Ho‘l shoxlar o‘tda javrab dod-voy qiladilar. Iliq havoning to‘lqinlari bilan bezovta qiling‘an yaproqlar bir-birlari bilan quchoqlashib, dam sariq va dam qizil ranglarga kirib o‘ynashar — uchqunlarini socha-socha, yuqorilarg‘a ko‘tarilishar, kuygan barglar uchushar, ko‘kdagi yulduzlar esa uchqunlani imlashib, ularg‘a tabassum qilishardi». Gorkiy ishchilar sinfi yetishtirgan eng buyuk san’atkor, san’at ustodi. Uvaysiy Klassik maqomlar orasida ko‘pchilik ichiga eng ko‘p yoyilgani, shubhasiz, «Iroq» kuyidir. Uni Buxoroning shashmaqomchi hofizlari ko‘p aytar edilar. To‘ychi akav a uning jo‘ralari ham uni boshqacha qilib ishlab, omma orasiga yoydilar. U sahnamizda eng avval «Halima» vositasi bilan jarangladi. «Halima»ning birinchi — dastlabki variatida «Iroq» kuyi yo‘q edi, keyincha piyesani bir qadar nshlashga to‘g‘ri kelgan vaqtda Halima (qiz) ning ariyasi bo‘lib sahnaga chiqdi. «Halima» piyesasida uni marhum Tursunoy, so‘ngra Halima Nosir qizi, Naziraoylar; ayrim no‘mer o‘laroq Abdulhaq Sultonov, Rahimberdi Bobojonov, Boborahim, Karim Zokiriy, Qo‘ldoshev va boshqalar aytdilar. Ko‘pchilik yoqtirdi va u, tom ma’nosi bilan grajdanlik qozondi. «Iroq»ni ayrim no‘mer holida o‘quvchi hofizlarimiz u kuyga Uvaysiyning: «Zaboningni keturgil, ey shakarlab to‘ti guftora, Nechikkim marhamat bo‘lsin necha mandek dilafgora». deb boshlanaturg‘on mashhur g‘azalini o‘qub keladilar. Ana o‘sha g‘azalni yozgan Uvaysiy Umarxon davrida yashagan ayol shoirlardan bo‘lib, nomi Jahon otin edi. U, «evaz» bahrli bir g‘azalining oxirida o‘z taxallusi, (shoirlik nomi) va ismini mana bunday qilib bildiradi: Yo‘qotib o‘zni fano martabasiga yeta ko‘r, Vaysiy nomim mening ul nomi Jahonimga evaz». Jahonoyi asli o‘zi Marg‘ilonlik bo‘lgan. Umarxon o‘rdasida xonning o‘zi boshliq bir necha shoir bo‘lganini (Fazliy, Ado, Hoziq, Gulxaniy va boshqalar), ularning tez-tez to‘planib mushovara qilishg‘anlarini eshitgandan keyin, o‘sha shoirlar majlisiga kirmak havasiga tushadi. Buning uchun Qo‘qonga bormoqchi bo‘lib otasidan ijozat so‘raganida otasi uning talabini qaytarmasa-da, qizning saroydagi shoirlar majlisiga kirishiga yordam ko‘rsatar degan umid bilan Qo‘qondagi obro‘li odamlardan bir do‘stining hovlisiga yuboradi. U odam, qizning shoira bo‘lsa ham hali yosh ekanini ko‘rib, ikkilanadi: — Bu holingizda borib kirolmassiz. Bironta qari xotin qiyofasida borib ko‘rsangiz, — dedi. Jahonoyi qari kampir kiyimlarini kiyib, eski paranji yopinib o‘rdaga boradi. Uni kiritmaydilar. So‘ngra, u, yuqorida ko‘rsatganimiz «Zaboningni» deya boshlangan g‘azalidan mana bu ikki yo‘lni yozib shoirlar majlisiga kiritadi: «Meni «Latakhuli» deb mahrum etma bog‘bon ahli, Azal degoni bag‘rim qonini to‘kkan bu gulzora». Shundan so‘ng uni shoirlar majlisiga kiritadilar, Faqat u yerda uning qari kampir emas, yosh bir juvon ekani bilingandan keyin, biror «fitna» chiqmayein deb bo‘lsa kerak, uni darhol saroy ichkariligiga kiritib yuboradilar. Shu bo‘yicha Jahonoyi Umarxon saroyida qolib ketadi va so‘ngroq «Jahon otin» deb shuhrat chiqaradi. Saroyda yashagan davrida Marg‘ilonning Qalandarxona degan joyiga yaxshi sirkorlik bir uy soldirgan ekan. O‘sha uy hali ham saqlangan deydilar. Uning «Karbalonoma»si, «Devon»i va ham Muhamadali xonga (Umarxonning o‘g‘li, shoir) bag‘ishlangan «Xitoy safari» nomli asarlari bor. Jahon otinga bir kun, dasturxon ustida anorni ko‘rsatib, shu to‘g‘rida bir narsa demakni iltimos qilg‘anlar. Jahon otin o‘sha minutning o‘zida anor to‘g‘risida to‘rt yo‘llik bir she’r yozgan. Badehago‘lik (ekopromt) yo‘li bilan yozilgan bu to‘rt yo‘llik bayt anorni qanday go‘zal va san’atkorona tasvir qiladi: «Bu na gumbazdir, eshigi tuynugidan yo‘q nishon, Necha gulgunpo‘sh qizlar manzil aylabdir makon, Sindirib gumbazni qizlar holidan olsam xabar: Yuzlariga parda tortig‘liq, tururlar bag‘ri qon». «Yuzlariga parda tortilgan «qizlarning» bag‘rlari qon» bo‘lganini aytgan, saroy cho‘riqizlarining ohi zorini tasvirlab bergan. Vaqf ishlari Andijon shahar va uyezd vaqf shu’basi o‘zining chin ishlik davrini may oyining o‘rtalarida boshlag‘an edi. Shundan beri ham butun qilg‘an ishlari shahardagi vaqf mulklarini ro‘yxat qilish, uyezdning 6 mahkumiga maxsus vakillar qo‘yub, shular orqali uyezd vaqflarining ro‘yxatini ola boshlash va ro‘yxat qilinib, qo‘lg‘a kirgan mulklarini ijaraga qo‘yishdan iborat bo‘ldi. Bular tashkilot jihatidan. Endi maorif – ilm jihatiga kelsak, uning qilg‘an ulgurji bir ishi yoz oylarida shahrimizda davom etgan ta’lim-tarbiya Qurslarig‘a ulgurji yordam qilishidur. Bu Qurs magar vaqf shu’basidan yordam olmag‘an bo‘lsa, ochilar-ochilmas yopilg‘an bo‘lur edi. Yana shahrimizning bundan boshqa musulmon maktab va internatlarig‘a katta-katta muovanati ko‘b bo‘ldi. Maorif vajhidan bu kungacha mundan ortiq bir yordamni vaqf shu’basi qilg‘ani yo‘q, gapning rostini aytsak, qila olg‘ani yo‘q. Chunki vaqf shu’basi hali shu choqqacha tashkilot ishini joylay olg‘ani yo‘q. Yaqinda markaz vaqf idorasidan bir murshid kelib, shuning yordami bilan tashkilot va moliya ishlariga puxta poydevor qilindi. Endi kirimning oz-ko‘pligiga qarab maorif vajhidan ham durust narsalar ko‘rsatsa kerak. Kirimni ko‘paytish masalasi umidli bir rangga kirgani yo‘q. Tag‘in qaytalam umidsizrak rangga kirib boradur. Shahar xo‘jalig‘i shu’basi bilan vaqf shu’basi orasida bozor janjallari bo‘lub, u janjallar ko‘brak vaqfning zarariga tamom bo‘ladur. Bunda jiddiy zo‘r va asosligina bir onglashilmasliq bor. Ayniqsa, Turkiston markaz ijroqo‘mining vaqf ishlari to‘g‘risidag‘i mashhur 173-dekreti bir qadar o‘zboshimcha tafsirlarga yo‘luqmoqdadur. Bu hol boshqa shaharlarda ham bo‘lsa kerak. Buni mutlaq, umumiy doirada hal etmak lozim. Andijon shahar va uyezd inqilobiy qo‘mitasining qarori bilan maorif nazorati qaramog‘idag‘i beshinchi «Namuna» maktabi vaqf shu’basi ta’minotiga o‘tdi. Shu birgina maktabni yaxshi yo‘lga qo‘yub, chindan «namuna» qilmoq harakatidadur. Mudir va hay’at ta’limiya yangilandi. Ikkinchi sinfdan osha olmag‘an bu maktab uchinchi va to‘rtinchilarga ega bo‘lmoqdadur. Agarda mahalliy mablag‘ (sredstvo)ga ishonsa, mutlaq shikast-rexti qaralmay qoladurg‘an bu maktab yaxshilab tuzatdirilmakchi. Kerakli reja va chiziqlari chizilib bo‘ldi. Maktab oldida rushdiy sinflar ochmoqqa vaqf shu’basi qaror berib qo‘ydi. Lokin muallim yo‘qligidan bu qaror haliga qolub ketaturg‘ang‘a o‘xshaydur. Vaqf shu’basining qaramog‘ida eski maktablardan uchtasi isloh qilindi. Bularning joylari yaramas. Yaxshi joy topub ko‘chirish, eski joylarni tuzatub, yararliq holg‘a keltirish uchun ham harakat bor. «Harakatda barakat!» – degan gap bor. Soni bormoq hisobig‘a yetmaydurg‘an Andijon maorifchilariga shundan boshqa tasalli ham yo‘q… Vatanimiz Turkistonda temir yo‘llar Ushbu sana o‘tgan aprel oyidan boshlab Andijonning ko‘b qishloqlarig‘a temir yo‘llar g‘oyat tezlik bilan ishlanub turmoqdadur. Chunonchi: 1 nchi. Namangandan kelub Andijong‘a, Andijondan – hazrat Ayyubga, hazrat Ayyubdan cho‘zulub Olmota taraflarig‘a ketadur. 2 nchi. Andijondan bir shoh chiqub Xo‘qand qishloq mosi Bozorqo‘rg‘on taraflarig‘a. 3 nchi. Andijondan O‘sh, Jalolobod, O‘zgand bilan Qitoyning Kashg‘ar hududig‘acha boradur; (O‘sh, Jalolobod, O‘zgand temir yo‘llari hozir ishlansa ham Kashg‘ar hududi temir yo‘li bir necha yillardan keyingina ishlanmoqg‘a boshlansa kerak) Bul yo‘llar hammasi “O‘rta Osiyo temir yo‘llari”g‘a tutashib g‘oyat mukammal bo‘ladur. Bul temir yo‘llarning ko‘b ekin joylarni bosub o‘tmog‘i, masjid va xonalarni vayron qilub (?) o‘tmog‘idek zararlari bo‘lsa ham foydasi yana ko‘broqdur. Yo‘l bosmachilar va boshqa o‘sallarning hujumidan qutulmoqg‘a foydasi tegar, qishloqlar yaqinlashar, obod bo‘lub ma’murlashar, arzon yerlar qiymat bo‘lur. Faqat gazeta muhiblarimiz va temir yo‘l bo‘yidag‘i baxtli qarindoshlarimiz “Sadoi Farg‘ona”ning 18-inchi no‘merusidag‘i andijonlik Ubaydullaxo‘ja Sulaymoniy janoblarining “Turkistondag‘i va bilxossa Farg‘onadagi musulmon qarindoshlarimizg‘a xitob” unvonli maqolasining mazmunig‘a qarab amal qilmoqlaringiz kerakdur. Temir yo‘lning bormog‘i bilan tanobi 100 so‘mlik yerlar albatta, 1000 so‘mgacha chiqar, faqat Ubaydulla afandining aytganicha “be baqo minglarga qiziqmasa kerak” oqcha bitar, qadr ketar, ammo ul yerlarni topib bo‘lmas. Zamonamiz shundog‘ zamondurki tirikchilik bilan raqobot qilmoqg‘a, maishat zulmidan qutulmoqg‘a qo‘lda yer bo‘lmoq kerakdur. Yer sotgan pulg‘a qiziqg‘anlarni maishat, tirikchilik toshqini va to‘lquni kelub urub, parcha-parcha qilmoqda.Shubha yo‘qdur, 100 so‘mlik yerimiz bora-bora obod bo‘lub 5-10 ming so‘mg‘a ham chiqar, buni yaxshi o‘ylamoq kerak. Yer va tuproq sotgan bola-chaqa va naslini sotgan bilan barobardur. Bir ota yerini sotdi demoq bola-chaqa va naslini to qiyomat och va yalang‘och qoldurdi demoqdur. Vatan tuproq shundog‘ onadurki, buni xor qilduk, o‘zimizning ham xor bo‘lmoqimiz ko‘z oldidadur. Yer sotub xonavayron bo‘lganlardan ibrat olayluk! Janob Haq ikki ko‘z va aql berubdur. Ko‘zlarimiz ila ko‘rub aqlimiz ilan o‘ylayluk! O‘zimiz dunyog‘a yalang‘och kuyuncha kelub, onamiz, vatanimiz tuproqimiz bizni boqar, rizq berar, katta qilar, dunyoda yashatar, ul onani sotganlar, albatta, ne’matning qadrini bilmagan kufron ne’mat qilgan bo‘larlarki ko‘b yomon gunohg‘a botarlar. Tuproqdan yaratilduk demoq tuproq tanimizdur. O‘z tanimizni o‘zimiz sotsak beaqllik emasmu? Ajabo!! Vatanimiz avval obod emas edi. Mana temir yo‘llar kelmog‘i va solinmog‘i bilan obod bo‘lar, qishloqlarg‘a ham madaniyat kirar. Ey qarindoshlar! Shaharliklar bo‘lduk! Bo‘lduk! Ammo qishloqlilardan katta iltimosimiz shuldurki,Ovro‘poning mudasidan, shishasidan, buzuq axloqidan namuna olmasdan va bunlarg‘a bul jihatdan taqlid qilmasdan balki, ilm, fan, hunar, san’atga o‘xshashlik madaniyatlaridan namuna olub bul jihatdan taqlid qilmoqingiz lozimdur. Ovro‘poning mo‘dasi va buzuq axloqi sizlarni xonavayron, bevatan asir – qul qiladur. Bundan saqlaningiz!! Ovruponing maktab, madrasa, ilm, fan, san’at, hunarga o‘xshash madaniyatlari sizlarni obod, ma’mur olim qilub, johillikdan asorat-qullikdan qutulduradur. Birodarlar ko‘zlaringizni ochub yaxshi o‘ylanglar!! Mana shul Farg‘ona temir yo‘lida bir suyunadurgan ish bordurki: 700 tanobcha yerga istansiya vagzal va iskalad qilmoq ishini (podratini) Namangandan turub asl tashkandlik muhtaram mulla Abdulloh afandi Hamidullayo‘f olmishdur. Vagzalni tomosha qilmoq uchun borganimizda mulla Abdulloh afandining ukasi Abdulaziz afandi ila ko‘rushganimizda Abdulaziz afandi taassuf qilub dediki: Shundog‘ katta muassalarning foydasini Ovro‘polilar ko‘rub, onlarning qo‘llarig‘a o‘tayotganiga ichimiz achishub “Namangan” istansiyasini bino qilmoqg‘a ham olgan edik. Endi mana Andijon katta istansiyasini ham oldik deydur. Vago‘nlab syement kelub turmoqdadur. Syementdan xishtlar qo‘yub turadurlar. Birinchi boshlab istansiyalarg‘a armani va ruslar kelub o‘turmoqdadur. Bechora musulmonlar bo‘lsa yerlarini oylik qilub bermoqdadurlar. Hozirdan ijaraga bersalar bora-bora oz pul bilan sotub ham qo‘yarlar. Vagzalg‘a yaqin yerlarda istansiya atrofida endi g‘ayr millat ko‘rinmoqg‘a boshladi, deydur. Mana shundog‘ gaplarni Abdulaziz afandi bilan so‘zlashib o‘lturdik. Qarindoshlar diqqat lozim! So‘ng pushaymon bo‘lmoqdan foyda yo‘qligi hammamizg‘a ma’lumdur. Hech bo‘lmasa Abdulla afandidek namuna ko‘rsatg‘uchi fidokor savdogarlarimizdan ibrat olub,Vatanimizning boyligini, tijoratimizning foydalarini chetlar cho‘ntagig‘a solmasdan va bermasdan, o‘z cho‘ntagimizda olub yurmagimiz kerakdur. Bizga shundog‘ ishlarg‘a kirushmoqg‘a vaqt!.. Biz ham insonmiz insondek yashayluk!.. Maishat to‘lquni bilan urushayluq! Qarindoshlar!.. Vaqt g‘animatdur. Vatanimiz Turkistonda temiryo‘llar Ushbu sana o‘tgan aprel oyidan boshlab Andijonning ko‘b qishloqlarig‘a temiryo‘llar g‘oyat tezlik bilan ishlanub turmoqdadur. Chunonchi: Birinchi. Namangandan kelub, Andijong‘a, Andijondan Hazrat Ayyubga, hazrat Ayyubdan cho‘zulub Olmota taraflarig‘a ketadur. Ikkinchi. Andijondan bir shox chiqub Xo‘qandqishloq, Mosi, Bozorqo‘rg‘on taraflarg‘a. Uchinchi. Andijondan O‘sh, Jalolobod, O‘zgand bilan Qitoyning Qashg‘ar hududig‘acha boradur. (O‘sh, Jalolobod, O‘zgand temiryo‘llari hozir ishlansa ham, Qashg‘ar hududi temiryo‘li bir necha yillardan keyingina ishlanmoqg‘a boshlansa kerak.) Bul yo‘llar hammasi O‘rta Osiyo temiryo‘llarig‘a tutashib, g‘oyat mukammal bo‘ladur. Bul temiryo‘llarning ko‘b ekin joylarni bosub o‘tmog‘i, masjid va xonalarni vayron qilub o‘tmog‘idek zararlari bo‘lsa ham, foydasi yana ko‘broqdur. Yo‘l bosmachilar va boshqa o‘sallarning hujumidan qutulmoqg‘a foydasi tegar, qishloqlar yaqinlashar, obod bo‘lub ma’murlashar, arzon yerlar qiymat bo‘lur. Faqat gazeta muhiblarimiz va temiryo‘l bo‘yidag‘i baxtli qarindoshlarimiz «Sadoi Farg‘ona»ning 18-no‘merusidag‘i andijonlik Ubaydullaxo‘ja Sulaymoniy janoblarining «Turkistondag‘i va bilxossa, Farg‘onadagi musulmon qarindoshlarimizg‘a xitob» unvonlu maqolasining mazmunig‘a qarab amal qilmoqlaringiz kerakdur. Temiryo‘lning bormog‘i bilan tanobi 100 so‘mlik yerlar, albatta, 1000 so‘mgacha chiqar. Faqat, Ubaydulla afandining aytganicha, «bebaqo minglarga qiziqmasa kerak», oqcha bitar, qadr ketar, ammo ul yerlarni topib bo‘lmas. Zamonamiz shundog‘ zamondurki, tirikchilik bilan raqobot qilmoqg‘a, maishat zulmidan qutulmoqg‘a qo‘lda yer bo‘lmoq kerakdur. Yer sotgan pulg‘a qiziqg‘anlarni maishat, tirikchilik toshqini va to‘lquni kelub urub, parcha-parcha qilmog‘ida shubha yo‘qdur. 100 so‘mlik yerimiz bora-bora obod bo‘lub, 5 – 10 ming so‘mg‘a ham chiqar, buni yaxshi o‘ylamoq kerak. Er va tuproq sotgan bola-chaqa va naslini sotgan bilan barobardur. Bir ota yerini sotdi demoq bola-chaqa va naslini to qiyomat och va yalang‘och qoldurdi demoqdur. Vatan, tuproq shundog‘ onadurki, buni xo‘r qilduk, o‘zimizning ham xo‘r bo‘lmog‘imiz ko‘z oldidadur. Yer sotub xonavayron bo‘lganlardan ibrat olayluk! Janob Haq ikki ko‘z va aql berubdur. Ko‘zlarimiz ila ko‘rub, aqlimiz ilan o‘ylayluk! O‘zimiz dunyog‘a yalang‘och kuyuncha kelub, onamiz, vatanimiz, tuproqimiz bizni boqar, rizq berar, katta qilar, dunyoda yashatar, ul onani sotganlar, albatta, ne’matning qadrini bilmagan kufroni ne’mat qilgan bo‘larlarki, ko‘b yomon gunohg‘a botarlar. Tuproqdan yaratilduk, demak, tuproq tanimizdur. O‘z tanimizni o‘zimiz sotsak, beaqllik emasmu? Ajabo! Vatanimiz avval obod emas edi. Mana, temiryo‘llar kelmog‘i va solinmog‘i bilan obod bo‘lar, qishloqlarg‘a ham madaniyat kirar. Ey qarindoshlar! Shaharliklar bo‘lduk! Bo‘lduk! Ammo qishloqlilardan katta iltimosimiz shuldurki, Ovruponing mo‘dasidan, shishasidan, buzuq axloqidan namuna olmasdan va bunlarg‘a bul jihatdan taqlid qilmasdan, balki ilm, fan, hunar, sanoatga o‘xshashlik madaniyatlaridan namuna olub, bul jihatdan taqlid qilmoqingiz lozimdur. Ovruponing mo‘dasi va buzuq axloqi sizlarni xonavayron, bevatan asir-qul qiladur. Bundan saqlaningiz! Ovruponing maktab, madrasa, ilm, fan, san’at, hunarga o‘xshash madaniyatlari sizlarni obod, ma’mur olim qilub, johillikdan, asorat-qullikdan qutulduradur. Birodarlar, ko‘zlaringizni ochub, yaxshi o‘ylanglar! Mana shul Farg‘ona temiryo‘lida bir suyunadurgan ish bordurki: 700 tanobcha yerga istansiya vagzal va skalad qilmoq ishini (podratini) Namangandan turub asl toshkandlik muhtaram mulla Abdulloh afandi Hamidullayev olmishdur. Vagzalni tomosha qilmoq uchun borganimizda, mulla Abdulloh afandining ukasi Abdulaziz afandi ila ko‘rushganimizda, Abdulaziz afandi taassuf qilub dediki: Shundog‘ katta muassasalarning foydasini ovrupolilar ko‘rub, onlarning qo‘llarig‘a o‘tayotganiga ichimiz achishub, «Namangan» istansiyasini bino qilmoqg‘a ham olgan edik. Endi, mana, Andijon katta istansiyasini ham oldik», – deydur. «Vagonlab tsement kelub turmoqdadur. Sementdan xishtlar qo‘yub turadurlar. Birinchi boshlab istansiyalarg‘a armani va ruslar kelub o‘turmoqdadur. Bechora musulmonlar bo‘lsa yerlarini oylik qilub bermoqdadurlar. Hozirdan ijaraga bersalar, bora-bora oz pul bilan sotub ham qo‘yarlar. Vagzalg‘a yaqin yerlarda istansiya atrofida endi g‘ayr millat ko‘rinmoqg‘a boshladi», – deydur. Mana shundog‘ gaplarni Abdulaziz afandi bilan so‘zlashib o‘lturdik. Qarindoshlar, diqqat lozim! So‘ng pushaymon bo‘lmoqdan foyda yo‘qligi hammamizg‘a ma’lumdur. Hech bo‘lmasa, Abdulla afandidek namuna ko‘rsatg‘uchi fidokor savdogarlarimizdan ibrat olub vatanimizning boyligini, tijoratimizning foydalarini chetlar cho‘ntagiga solmasdan va bermasdan o‘z cho‘ntagimizda olub yurmagimiz kerakdur. Bizga shundog‘ ishlarg‘a kirushmoqg‘a vaqt!.. Biz ham insonmiz, insondek yashayluk!.. Maishat to‘lquni bilan urushayluk! Qarindoshlar!.. Vaqt g‘animatdur. «Sadoi Farg‘ona»: Aholi rizo bo‘lmaganda temir yo‘li masjid va madrasani hech bir vaqt vayron qilub o‘tmas, rizolik bilan o‘tkanda ham muning uchun katta pullar berub o‘tar. Vatanimiz Turkistonda ziroat va dehqonchilik I Muhtaram muharrir afandi! Ushbu maktubimni «Sadoi Farg‘ona» gazetangizni bir go‘shasida darj qilub dehqon qardoshlarimizni suyundirsangiz edi. Butun Rusiyada manbatlik jihatdan Vatanimiz Turkistonning ilgarida ekanligi hammag‘a ma’lumdur. Va hatto butun dunyoda manbatlikning birinchisi Amriqo bo‘lsa, bizning Turkiston ham ikkinchi sanaladur. Vatanimizning tufrog‘i shuncha manbat bo‘lsa ham, o‘zimiz har vaqt umrimizni banka eshiklari ostida sudralub o‘tkazamiz. Har kuni gazetalarda faloniy sindi, falonini vekseli protsent bo‘ldi, do‘koni pechatlandi degang‘a o‘xshash qo‘rqinchlik xabarlarni o‘qub eshitmoqda va ko‘rub bilmoqda bo‘lsak ham, ammo ibratlanmaymiz, sababini hech tekshirmaymiz. Yolg‘uz «bozor kasod» deb o‘ta beramiz. Ammo bozorni kasodligig‘a nima sabab ekanligini tekshirmaymiz. Mundog‘ taassuflik xabarlarni eshitgan amriqoliklar taajjub qilsalar kerakkim, shundog‘ manbat tufrog‘lik xalqi nimaga mundog‘ deb, ammo ul amriqoliklar ekin asboblari ishlatub biz 10 kishi 10 kunda qilg‘an ishimizni onlar 2 kishi bilan 10 soatda qilmoqdadurlar. Onlarda o‘rish, chochish, chopish, terish, ekish hammasi oson. Olat (mashina) bilan tez tayyor bo‘ladur. Onlar o‘shal mashina bilan vaqtinda tez yig‘ushturub oladurlar. Biz bo‘lsak yerimizni to‘plab tashiguncha yomg‘ir, qor yog‘ub qolsa, dalada tamom qoldiramiz. Shul oson asboblar Rusiyani butun dehqonlarida bordur. Bizlar ham shul ekin asboblaridan olib ishlatsak, og‘ir mehnatlarimiz yengillanur edi. Bul to‘g‘rida «Oyna», «Sadoi Farg‘ona»larimiz, mumkin bo‘lsa, qishloq tilida ko‘broq yozib onglatsalar, bor-yo‘qdan iborat yoshlarimiz ham bo‘sh vaqtlarida qishloqlarg‘a chiqqanlarida og‘izlariga popirus solub, onglamag‘an xalqg‘a safsata sotmay, shundog‘ foydalik narsalardan bildursalar va tushundursalar, xalq turmushini yengillik tarafig‘a necha odum otlang‘an bo‘lur erdilar. II O‘tgan maqolamda dehqon qarindoshlarimizdan hech birlarining ziroat mashinalari ishlatmaganliklarini yozgan edim. Maqolani yozgandan so‘ngra qishloqlarda yurub, o‘zum ko‘b dehqonlar bilan ko‘rushib fikr oldim. Endi alarni fikrlarini o‘ylagan millatparvar kishi ko‘zlaridan qonlik yoshlarini oquzmay mumkin emas. Alar aytadurlarki: «Durust ziroat mashinalari qandaylik ekan, ammo pul kerak. Bizning qo‘limizda bo‘lsa naqd tayyor pul yo‘qdur». Men aytdim: «Ekin vaqtida pul bo‘lur yoki pul o‘rniga ekkan ekinlardan olub borub bersangiz ham mumkin-ku…» Ular shu taassuflik yomon javobni beradurlar: «Paxta eksak g‘o‘zapoyasig‘acha, bug‘doy eksak somonig‘acha qarzimiz badalig‘a xo‘jayinlarimiz boylarg‘a olub borub beramiz. Yana ikkinchi ekinga beradurg‘an bo‘lub boylardan pul olub, qish ichi bola-chaqalarimiz ila ming mashaqqat va ming qiyinlik ila ovqat o‘tkaramiz. Qish chiqqanidan keyin bola-chaqalarimiz ila ishga tushamiz. Bolalarimiz o‘qushdan qoladurlar. Mardikor olsak, yana sarf ziyoda bo‘ladur, pul yo‘q. Noiloj bolalarimizning maktabdan qolishiga rizo bo‘lub bo‘lsa ham bolalarimizni dalaga olub chiqub, qo‘sh haydash, g‘o‘za chopish, chigit ekish – shunga o‘xshash qiyin ishlarga qo‘yamiz. Chigitga pul deb borsak, xo‘jayinlar so‘kub, har turlu haqoratlar ila yig‘in-terin vaqtida 100 so‘m qilub berishga 40 – 50 so‘m pul beradurlar. Ikkinchi oni olub chiqub, bir kun ham qishloqda hovlimizda soqolni olmaymiz. Yana bu ahvolimizni ustiga biror to‘y-mo‘y bo‘lub qolsa, tamom och-yalang‘och, yer-suvlarimiz boylar qo‘lida, ko‘chalarda tilanchi-gado bo‘lub qolamiz, «Qani munga chora?» – deydilar. Bularni o‘ylaganda ko‘zlardan tamom qonlik yoshlar to‘kmoqg‘a to‘g‘ri keladur. Ey taraqqiyparvar yoshlar! Siz ham yozsangizlar har vaqt bechora mazlum dehqonlarni puldorlardan, qullik, asirlikdan qutuldurmoq choralari to‘g‘risida yozinglar. Hammadan yo‘l kerak. (Yana bo‘lur.) III Vatanimiz Turkistonga taraqqiy davri kirgandan beri tatar gazetalarida bo‘lsun va o‘z gazetamizda bo‘lsun bor quvvatimiz, bor ovozimiz bilan: «Ilm kerak», «O‘qumoq kerak», – deb qichqurub kelduk. Mana shul qichqirmoqliklar mevasi bo‘lsa kerakdurki, qishloqlarda hozirda bo‘lmasa ham, hamma shaharlarimizda oz bo‘lsa ham «yangi usul» maktablar ochildi. Qisqachagina aytganda, o‘qumoq va o‘qutmoq ishlarimiz, alhamdulilloh, sekin bo‘lsa ham olding‘a qadam bosadur. Mana, ko‘nglimizda necha yillardan beri yashurunub yotgan millatni taraqqiy qildurmoq yo‘llari, planlarini ochmoq uchun qo‘sh «Sado»miz, bir dona bo‘lsa-da hamma Turkistonning yaxshi emasligini ko‘rsatub turadurg‘an «Oynak»* (Oyna)imiz bo‘ldi. 40 – 45 yillardan beri davom etub kelgan Turkistonimiz bo‘lsa ham kifoyat qilmas edi. Endi kelayluk muddaog‘a, muddaomiz shulki: ziroat ishlari. Mana bu ziroat ishlari to‘g‘risida yozg‘uchi ham yo‘q, o‘qug‘uchi ham yo‘q. Hayhot, ziroat ishlarimiz tamom xarob! Xarob! Xarob!.. Olding‘a bir odum otilgani hech ko‘rulgani yo‘q. Bir tanob yer qishloqlarda 1000 so‘mlarga chiqdi. Ammo yer dehqonda emas, millatg‘a, xalqg‘a yana bermay tek saqlab yotadurg‘an boylarda; «oh», shul bizni tamom kuyduradur. Mundan 10 – 15 yil avvalgi maktablarning holini va ziroat ahvolini chaqishdirub ko‘rayluk qani… Maktab: Maktab esa avvalgi vaqtlarda bir otxonadan iborat edi. Bir xalfa o‘zidan katta tayoq ushlab, boshi, oyog‘i yo‘q kitoblarni o‘qutub, bekor umrlarini o‘tkazur edilar. Hozirda esa o‘shal maktablar kundan-kun yo‘qolub, o‘rniga muntazam usuli savtiya maktablari ochilmoqda va xalq xiyla rag‘bat etmoqdadur. Ya’ni maktab ishlari avvalda xarob bo‘lsa-da, hozirda yaxshi yo‘lga kirub bormoqdadur. Ziroat: Avvallari qandog‘ yaxshi bo‘lsa, so‘ng kunlarda va so‘ng yillarda kundan-kun orqag‘a qarab qadam qo‘ymoqdadur. Masalan: mundan 10 – 15 yil avval bir dehqonni o‘ziga yarasha yeri bo‘lub, bola-chaqasi bilan ishlab chiqg‘an. Mahsulni bozorg‘a kerak vaqtida olub tushub, oz-ozdan sotub, bola-chaqalari bilan qish ichi rohat umr o‘tkarur edi. Ul vaqtlarda bundog‘ behuda isroflik to‘ylar ham bo‘lmas edi. Hozirda esa dehqonlar hammasi yoz-qish tinmay ishlab-ishlab, boylarg‘a olub borub beradurlar. Boylar dehqonlarni qo‘llarig‘a 5 – 6 pul berub: «Bor, yo‘qol! Qishloqqa chiqub ishingni qil!» – deb so‘kub yuborurlar, dehqonning peshona terini oquzub ishlagan paxtasining pulini qandog‘ joylarg‘a sarf bo‘lishini keyin-da yozarman. Hozirda yoshlarning va yosh qalam sohiblarining ziroat to‘g‘risida yozmoqlarini o‘tunub qolaman. Yozayluk, qarindoshlar, ziroatdan! Yozayluk, qarindoshlar, iqtisoddan! Alar bo‘lsa, maktab ham bo‘lur, ilm ham bo‘lur. Dehqonlar boylar qo‘lidan qullik, asirlikdan qutulsa, hammasi bo‘lur. Yozayluk, qarindoshlar!.. Vayronalar orasidan Ertalab azon vaqtida jo‘namoqchi bo‘lub yotqan edim. Eng qizg‘in uyquda vaqtimda uyg‘otdilar, «Tur, aravakashlar kelib qarab turubdurlar», – dedilar. Uyqusiramadim, irg‘ib o‘rnimdan turdim. Naridan-beri, chala-chulpa bet-ko‘zni yuvub, apil-tapil kiyimlarimni kiydim-da, tashqarig‘a chiqdim. Qorong‘i, xiyla qorong‘i edi. Qoqilib-tiqilib pillapoyadan tushdim. Orqamdan chirog‘ ko‘tarib onam keldi, ko‘chaga chiqdiQ. To‘rt arava – o‘zimizning devsifat aravalar ko‘chaning o‘rtasiga to‘qtag‘anlar edi. Shu og‘ir, shu bo‘shang, shu lavashoq aravalar bilan olti tosh (48 chaqirim) yo‘l bosmoq! O‘h-ho‘! Yangi ruh va eski til bilan «tavakkal»ni aytib aravaga irg‘idim. «Chiqir-chuqur»… arava qo‘zg‘oldi… Arava qo‘zg‘olib, uning doirasi bemalol uch quloch kelaturg‘an haybatlik g‘ildiraklari 5 – 10 marta aylanguncha onam bechoraning xira chirog‘i bizni uzatmoqda davom etar edi. Munday qorong‘i bir kechada yolg‘uz o‘zum tanimag‘an kishilar bilan kimsasiz vayron yo‘lga chiqqanim uchun qo‘rqishdan ham xoli emasman, lekin xira chirog‘ining kuchsiz yorug‘lari bilan birmuncha joyg‘acha kuzatib borg‘an onam onalarg‘a maxsus shafqati, muhabbati bilan qanday qo‘rqularg‘a yo‘liqqandur. Menim o‘zim uchun uncha qimmat bo‘lmag‘an borlig‘im uning uchun hamma narsadan qimmat emasmi? Shaharning chekka joylarig‘a yaqinlashamiz. Necha yillik ichki urushlar bilan charchag‘an joyning dashtlardek yovvoyilashib ketgan ko‘chalarida mushuk ko‘zi qadar bir yorug‘lik bilan yonib turg‘an elektrik fonorlari… orqamizda qolib boradur. Bir-ikki burulish bilan nafasi shaharning o‘zidan chiqdiQ. «Paxtaqo‘m»ning birinchi zovudining ket tomonidan o‘tub boramiz. Eng yoruq elektrik chirog‘larining o‘tkur yorug‘lari orasidan guvillagan tovush keladur. Bu zovud parralarining aylanishidan chiqqan tovush. Chirog‘ ziyolari orasidan qorayib ko‘rungan ko‘k onamiz yerning qora bag‘rig‘a o‘xshaydur. Qora bag‘irlik yerni o‘ylag‘andan keyin xayol ko‘zlari olidan keng bir paxta talasi ochiladur, keng paxta talasida mahsharda to‘plangan sallalik musulmonlardek oq boshlari bilan bir mahshar holini olg‘an paxta daraxtlari – g‘o‘za poyalari haqiqatan odam bolalari uchun haqiqiy mahshar manzarasini kelturalar! Paxta mahshari bilan paxta zovudining guvillagan tovushi… o‘t bilan suv, o‘lim bilan hayot ohanglari kabi bir ohang (garmoniya) vujudga keltiradur… O‘sha o‘rtada yana 1-2 ta zovud bor edi, xarobaga aylangan. Bir necha teri zovudi bor edi, bittasigina sog‘ qolg‘an. Arava yo‘li nihoyatda og‘ir, otlar ko‘b yomon qiynaladurlar, ularni ko‘zg‘otib olib borish uchun tovush boricha qiyqirg‘an, urunib-surung‘an aravakashlarning holi ham undan yengil emas. Aravalar bir necha yerda loyg‘a botdi, ko‘payishib qiyqirishib yurub chiqardilar. Shu holda ming balo bilan Anjon adirig‘a yetdik. Hali tongdan darak yo‘q. Qorong‘iliq yana boyag‘i rangi bilan quyuqlashib, qaymoqlashib turubdur. Qorong‘iliq, nazarlarimda, ba’zan qattig‘ quyuqlashgandek bo‘lub ketar-da, ko‘zimni bir ochib-bir yumub: «Yolg‘on tong (subhi kazzob)mi bu?» – deyman. Adirdan tushub Xartum qishlog‘ig‘a kirib boramiz. Chekkarak joylardag‘i imoratlar, hovlilar buzulg‘an, bo‘sh, vayron ko‘rundilar. Ilgari juda obod bo‘lg‘an guzardan qorovul taxtasining ma’yus-ma’yus tovushi eshitildi. Yomon, loy yo‘llar bilan Zovroq qishlog‘ig‘a o‘tdik, undan Chek qishlog‘ig‘a yetib, katta adirg‘a chirmasha boshladik. Qishloqlarda qimirlag‘an jon yo‘q, hamma uyquda, hamma xonada jon bor, odam bordek ko‘runadur. Lekin xona joylarning bo‘sh bo‘lg‘anlari, egasiz, kimsasiz qolg‘anlari ham ko‘b dedilar. Tomlarg‘a bosilg‘an beda, makka va g‘o‘za poyalari yonlaridan o‘tg‘anda allaqanday xayoliy shakl ko‘rsatalar. Goh dev boshidek, goh olbosti to‘dasidek, goh uxlag‘anlarni masxara qilib kulgan xayoli bedordek, goh daraxt shoxida uxlab yotkan bir to‘p qarg‘adek ko‘runadur. Holbuki, qishloqning butun umudi, tasallisi, bori-yo‘qi shu bir g‘aram poya! Adirning tekis tosh yo‘lida otlarni qamchiladilar, «gur-gur» arava chopish boshlandi. Ilgari vaqtda bosmachilarning bozorchi to‘saturg‘an bir yerlariga – To‘ra bulog‘iga keldik. Ko‘nglim to‘lqunlandi, qolg‘an-qutg‘an bosmachilar bor bo‘lsa… ro‘barimizdan chiqsalar… Men bu xayollar bilan bosh aylantirguncha aravakashlar buloqdan ham o‘tib ketdilar, qator-qator chizilg‘an aravalardan har xil qo‘shiqlar eshitiladur. «Gulyor», «Uzmagul», «Maxzumjon», «Omonyor»… hammasi, hammasi! Shahardan chiqqandan beri 15 chaqirim yo‘l yurdik, tong otgani yo‘q, faqat tong yeridan kichkinagina bo‘shang va xira bir qizillik ko‘rundi, 20 chaqirim yo‘l bosib O‘sh bilan Andijonning qoq o‘rtasidag‘i Xo‘jaobod qishlog‘iga yaqinlashganimizda asta-sekin tong otdi. Yo‘lda bir qishloqni ko‘rdik. Yarmidan ko‘pi kuyub ketibdur. Sababini aravakashlardan so‘radim, «Bosmachilar bilan urushgani chiqqan armanilar, 3-4 yil bo‘ldi, talab, o‘t qo‘yub yubordilar», – dedi… Armanilarning «milliy dashnoq» firqalari sho‘ro hukumati yosh vaqtida qizil bayroq ostig‘a kirib olib, ularning qilg‘an vahshatlari, 18 – 19-yillarda Farg‘onadagi «armon diktaturasi» ko‘z oldimdan bitta-bitta chizilib o‘tdi. – Ko‘prukka kelib qoldik! – dedilar. Xayoldan aynidim. Shahrixon soyining ko‘prugiga yetgan edik. Bir vaqtlar ko‘p pul sarf qilinib bino etilgan bu temir ko‘pruk juda yomon buzulubdur. Ikki chekkadagi panjara temirlari butkul qolmag‘an, yerning ba’zi joylari ot sig‘arlik darajada teshilgan, bu teshiklarga xoda yumalatib qo‘yg‘anlar. Xo‘jaobod hukumatdorlari yog‘och toshishib qo‘yg‘anlar, ko‘prukni tuzatmakchi bo‘lg‘an bo‘lsalar kerak. Lekin kunlar, oylar o‘tmoqda, hali ishdan darak yo‘q. Holbuki, bu yo‘l katta va obod bir yo‘l bo‘lub, kecha-kunduz arava qatnab turadur. Ko‘prukni tezroq tuzatish chorasini ko‘rmak kerak edi… Kimning vazifasi bu? Nonushta mahali Xo‘jaobod qishlog‘ig‘a kirib, bir choyxonaga tushdik. Aravakashlar otlarni o‘tga qo‘ydilar. Men gazetaga yozmoq uchun xabarlar istadim, xalqning kam-ko‘stini surushtirdim. Xo‘jaobodning Shahrixon soyi tomonida O‘sh soyi degan bir kichkina soy bor ekan. Bu soy O‘sh tomondan kelib, Shahrixon soyig‘a quyular ekan. O‘tgan yil shu O‘sh soyining suvi tentaklanib ketib, 500 tanop qadar ekinlik, hovli va bog‘ yerlarini oqizib ketgan. Hozir shu yerning yonidan yana oqizmoqda davom etar ekan. U to‘g‘ridan Xo‘jaobod xalqi har yo‘l bilan hukumatga arz qilg‘an; Andijonda o‘tgan yil chiqib to‘xtag‘an «Darxon» gazetasida ham u to‘g‘rida yozilg‘an; «Farg‘ona» gazetasida ham dod deyilgan. O‘tgan yil Turkiston markaz ijroqo‘mi va Farg‘ona muzofot hukumat boshliqlari o‘zlari kelib ko‘rib ketganlar. Lekin shu choqqacha hech bir chora ko‘rilmagan. Shu nuqtag‘a Farg‘ona muzofot ijroqo‘mining diqqatini qaytadan jalb qilaman. Sayohatimizni Xo‘jaobod qishlog‘ig‘a kelib tushgan joyimizda to‘xtatgan edik. Undan narisini yozmoq uchun es-hushni to‘plab o‘tirib, qo‘lg‘a qalam olg‘uncha ancha vaqt o‘tub ketdi. Bu orada «Turkiston» gazetasining yozishquchilaridan G‘ozi Yunus va Elbek o‘rtoqlar bilan birga o‘shal yo‘llardan yana bir martaba o‘tishga to‘g‘ri keldi. Esdaliklar yana yangilandi, ko‘rgan-bilganlar yana orta tushdi. Sayohatning davomini endi «ikki martaba bo‘lg‘an sayohatning davomi» qilib yozaturg‘an bo‘ldim. Xo‘jaobod: ko‘rinishga kichkina qishloq bo‘lg‘ani bilan gap-so‘z ko‘p ekan. Ayniqsa, gazetachiga gap-so‘z topila beradur. O‘shdan 20 chaqirim yiroqliqda Qorasuv istansasi solinib, to‘g‘ri qatnov yo‘l tushgandan beri Xo‘jaobodning ilgarigi mavqei susayib qolibdur. Bo‘lmasa, Xo‘jaobod arava, ot, piyoda, foytun, pochta va o‘t arava karvonlari uchun (hojilar ta’biricha) bir «Xarkof» kabi edi. Pomir va Qashqarg‘a yopishgan, O‘zgant va Gulsha kabi keng joylarni o‘z doirasiga olg‘an O‘sh uyezdining markaz tomon bilan bo‘laturg‘an qaynoq aloqasida Xo‘jaobod muhim bir istansa edi. Hozir bo‘lus ijroqo‘mi bor ekan. Bitta maktab ham bor dedilar. Lekin uning o‘zidan ko‘proq «oti» bor, shekillik… Ko‘klamdan tortib to kuzgacha maktab ta’til ekan, dehqonlar bolalarini faqat qishdag‘ina o‘quta olurlar ekan. Maktab munday bo‘lg‘ani bilan, boshqa g‘alati narsalar ko‘p: o‘tgan safar yozilg‘an ko‘prik hali ham tuzalmagan, biz so‘ngg‘i borishimizda faytunni ham yetalab o‘tdik. O‘shga borg‘animizda dedilarkim, ko‘prukni xalq hisobig‘a tuzatdirmakka O‘sh ijroqo‘mi qaror berdi. «Hukumat mablag‘iga bo‘lmas ekanmi?» – degan edik, «Baladiya idorasining puli yo‘qdur», – dedilar. Baladiya idoralaridan so‘z ochilg‘andan keyin gapirgandan ko‘ra gapirmagan yaxshiroq dedik-da, jim bo‘ldik… Soy oqizib borayotgan yerlar yana ham o‘sha ko‘yi turadurlar. Bir oz vaqtdan keyin Xo‘jaobodning yarmini olib ketsa ham mumkin. Suv idoralaridan 3 muhandis bitta-bitta borib, 3 martaba reja tortib kelgan emish… Muhandislar ishbilarmonlar (spetsы) qatorig‘a kirganlari uchun oyliq va kundalik (sutochnыy) ko‘pgina berilaturg‘andur. Munday bo‘lg‘andan keyin 3 emas, 30 martaba reja tortsalar, nima zarar? Paxtaqo‘mning bir punkti bor ekan. U yerda ishlaguchilarning hammasidan ham xalq teskarisiga rozi ko‘rundi. Bir Zubov degan xazinachi bor ekan, uning eng shirin gapi ko‘cha so‘kishlarining o‘rtacharog‘i ekan… Bir dehqong‘a 2 desatina paxta uchun 100 so‘m va 20 put bug‘doy berib, bug‘doyning pulini haligi 100 so‘mdan olib qolsa kerak ekan. Xazinachi esidan chiqaribdur-da, olmabdur. Dehqon tashqarig‘a chiqib, pulni sanab, bug‘doyni olg‘och: «Bug‘doyning pulini olib qolmabsiz», – deb xazinachining oldig‘a kirgan ekan, «Sen o‘g‘ri, muttaham», – deb arava-arava haqoratlardan keyin 3 so‘m jarima to‘latibdur. Bu kishini yurtning arizasi ustidan O‘sh hukumati (uyezd markazi) chaqirg‘an ekan, «Ish vaqti, bora olmayman», – deb bormabdur. «Paxta ma’rakasi»ga zarar kelmasin deb, O‘sh hukumati ham o‘zicha bir narsa qilmasdan muzofot mahkamalariga havola qilubdur. Xo‘jaobod dehqonlari shu arizalarning javobini kutadurlar. Dehqonlar bu yil yer ekishga astoydil kirishganlar. Har kim tirishib-tirmashib bir ot-ulov topishga urung‘an, topa olmag‘anlari chopiq bilan bo‘lsa ham ekin ekishga kirishgan. Xalq yurtning tinchlanganiga, erkin-erkin dehqonchilik qilishga mumkin bo‘lub qolganig‘a xursand. Hukumatning oz-ko‘p, qo‘lidan kelgan qadar yordamidan ham juda mamnun ko‘rundilar. Xo‘jaoboddan 3 chaqirim narida burung‘i zamonda pochta aravalari bilan dilijonlarg‘a bekatlik vazifasini o‘tayturg‘an bir bino bor edi. Ul bino O‘sh bilan Andijonning qoq o‘rtasiga har ikki tarafini 24 chaqirimdan to‘g‘rilab soling‘an edi. Hozir imoratlari quruq devordan iborat bo‘lub qolibdur. Sahniga paxta ekibdurlar… Undan 2-3 chaqirim narida necha ming desatina kelaturg‘an bir bog‘ bor. Ul bog‘ mundan 10 – 12 yillar burun Farg‘onaning mashhur qorunlaridan yahudiy Simhoyevlar tomonidan qiling‘an edi. Bog‘ning yerlarini dehqonlardan (harchand noobod yerlar bo‘lsa ham) arzon-arzon olib berishga o‘zimizning ahmoq to‘ralarimizdan biri ko‘b katta xizmat qilg‘an edi. Hatto bu to‘raning harakati bilan suv kelmas yerlarga suv keldi, ya’ni yuqoridag‘i qishloqlarda o‘lturg‘an dehqonlar o‘z suvlaridan kesib, to‘ramning bog‘ig‘a berdilar. Dehqonlarning ko‘plari to‘raning muridi bo‘lg‘ani uchun, to‘ra ul ishni juda oson bajardi. «Oq qildim», «Qora qildim!» – deydi, bo‘ldi, bas. Keyincha Simhoyev to‘raning o‘zini ham bog‘dan haydadi, kirgizmayturg‘an bo‘ldi. Shunchalikki, ahmoq to‘ra o‘zining kambag‘al dehqonlarini bir boyning manfaatiga qurbon qildi. Hozir janjallarning bir asosi mana shunday joylarda bo‘lar ekan. Ko‘pi mevalik daraxtdan iborat bo‘lg‘an ul keng bog‘ning juda ko‘b, hadsiz-hisobsiz terak ko‘chatlari bor ekan. G‘alati, ovrupovoriy imoratlar, gulshanlar yasalg‘an, necha yuzlab qo‘y, necha o‘nlab mol-siyirlar, yaxshi ho‘kuzlar, necha juft otlar turg‘anlar; dehqonchiliq asboblarining ham har xili bo‘lg‘an. Bu, albatta, ilgari vaqtda. Mana bu ichki urushlar vaqtida bog‘cha tamom ishdan chiqib, bir chakalakzor bo‘lub qolg‘an, imoratlarni istehkom yasab olub, bosmachilar bilan askarlarimiz, askarlarimiz bilan bosmachilar otishkanlar. Hisobsiz miltiq teshiklari yaqin zamondag‘i dahshatlik damlarni esga solub, masxara qilib kulub turadurlar… Ilgari tubjoy xalqidan bir necha kishi bog‘ni hukumatdan ijarag‘a olg‘an ekanlar. Keyingi vaqtda hukumat ul ijarachilardan qaytarib olib, «qishloq soyuzi» degan tashkilotga bergan. Bu tashkilot ziroat muhandislari yuborg‘an, xo‘jaobodliklardan mardikor yollab ishlatib turadir. Biz o‘tub ketayotkanda bir necha kishi zambar to‘qub turar edi. Buzulg‘an, yiqilg‘an uylar tuzatilmakga boshlag‘an, bog‘chag‘a ham chinakam bel bog‘lab ishlagan ko‘rundilar. Andijondan Xo‘jaobodg‘acha (adirlarni qo‘shmasaq) qish fasllarida yo‘l yomon bo‘ladur. Xo‘jaobod bilan O‘sh orasida qish faslida ham yo‘l yaxshi, tekkiz, quruq bo‘ladur. Keyingi safarimizda ko‘klamning ko‘m-ko‘k qo‘ynida gullar orasida ketdik. Yo‘l juda chiroyliq bo‘lg‘an edi, daraxtlarni siqib bo‘g‘ub olg‘an tufayli (parazit) chirmovuqlar quyulib tusha boshlag‘anlar. Ekinsiz, o‘t bosib yotg‘an yerlarga qo‘sh chiqqan, haydalg‘an, chopilg‘an. Oriqlarni tuzatganlar. Suvlar shirillab oqib boradur. O‘shning yaqinidag‘i tog‘lar haybatlik bo‘lub ko‘runa boshladilar. O‘sh va Andijon uyezdlariga ko‘klam faslida rivoch (shukri) yetishtirib beraturg‘an «Shukri tog‘i» ko‘m-ko‘k ko‘karib o‘ng biqinimizda turadur. «Surat tog‘»ning orasidag‘i uzun o‘rmondek chiroyliq yo‘ldan o‘tib boramiz. O‘sha joyda yog‘och ko‘mir kuydiraturg‘an ko‘ralar bor. Ba’zilarining og‘zini ochib o‘tun to‘plab qo‘yg‘anlar. Ba’zilariga o‘tin tiqib tayyorlab qo‘yg‘anlar. Ba’zilari tutun chiqarib kuyub turadir. Ba’zilarining o‘ti o‘chgan, og‘ziga chaplagan loylari sarg‘ayib kesak bo‘lganlar, ochilishga hozir turadurlar. O‘shga yaqinlashqanda bir to‘p katta terak keladur, o‘shliqlar ham uni «katta terak» deydilar. 1916 yilda O‘shdan Nikolay hukumati va Ovrupo istilochilarining ulug‘ qurbonlarig‘a «mardikor-loshmon» nomi bilan olib berilaturg‘an o‘shlik yigitlarni O‘sh xalqi – katta-kichik – shu «katta terak»gacha uzatub qo‘yg‘an edi. Yiroqdan terakni ko‘rish bilan esimga bechora mardikorlar tushdi, allakim-allakimlarning nafslarini qondirish uchun shu yiroq yurtlardan allaqaylarg‘a bormoq uchun shu yo‘lg‘a chiqib, shu terakning tagida ota-onalarining issig‘ yoshlarig‘a quyulg‘anlar… Terakning hozir boshqa karomati chiqibdur: kimdur, birov, bir «e’tiqodliq» banda aytibdurkim: «Har kim shu terakning po‘stini qaynotib ichsa bezgakdan qutuladur». Terakning o‘zi ham bir necha yuz yilgi qadim terak emasmi, darhol «aziz»ligiga ishonishibdur: odam bo‘yidan yuqorig‘acha po‘stini tamom shilib olibdurlar… Buni olmoq uchun do‘xto‘rning qog‘ozi (retsept) kerak emas, bir boshidan o‘tgan birga o‘n qo‘shib aytdimi, ishontirdimi, bo‘ldi. Qancha uzoq yo‘llardan shu bir qarich po‘st uchun kelaturg‘an bechora bordur! Xiva tomonda «toun» kasali bor emish, unga ham shunday bir terak topilg‘anda Sog‘liqni saqlash komissarligining shahardan tashqarig‘a chiqmayturg‘an pullari Amu bo‘ylarig‘a ham majburiyat bilan borib qolmas edi!.. Bas endi, O‘shga yetib qoldiQ! Butun Farg‘onada havosining tozaligi va iqlimining xushligi jihatidan O‘sh bilan tenglashaturg‘an joy yo‘q. (Bobir) Farg‘ona muzofotidag‘i shaharlar orasida eng go‘zal joyg‘a o‘rinlashqan va eng sog‘lom iqlimg‘a ega bo‘lg‘ani O‘shdur. Bu atrof, umuman, juda yaxshi sug‘oriladur va uning muattar binafshalik ko‘klami chinakam jozib! Bundan boshqa yana har qoidalalar va qizil gullar o‘sadur. («Qashqar amiri Yoqub». Nomi fransuzcha asardan) Bir o‘zbek-turk va bir fransuzning bir ma’nini onglatQan yuqorig‘i ikki so‘zig‘a o‘zimdan bir narsa qo‘shub o‘turmayman. O‘sh – chinakam maqtalishka arziyturg‘an joy. Muni keyingi sayohatimda birga bo‘lg‘an rafiqlarim ham juda samimiy bir til bilan so‘zladilar. Lekin… Lekin hozirgi O‘sh Bobir aytgan va fransuz muallifi yozg‘an iqlim va havog‘a ega bo‘lsa ham, o‘zining bu kungi buzg‘un va xaroba holi bilan 10 yil burung‘i O‘sh ham emasdir. Yuqorida qo‘yg‘an sarlavham O‘sh shahrining eng chinakam tilmochi! Andijon yo‘lidan shaharga kirib ketaturg‘an, u… 5-6 mahallani o‘tkuncha bo‘shab qolg‘an hovli-joylarni va ularning yiqilib, ag‘dorilib yotqan uy va devorlarini ko‘rasiz. Bozorg‘a yaqinlashqaningizdag‘ina jon asari, tiriklik asari, uy-joy, tuzuklik asari ko‘rasiz. Bozor kuni bir baland joydan turub tomosha qildim: oddiy bir qishloq bozoridan boshqa narsa ko‘rinmaydur. Shahar va shaharlikdan nishon yo‘q. Xarob bo‘lg‘an, bo‘layotg‘an va xarob bo‘lg‘usi katta madrasalar va ularning bir xil vahshiy chehra ko‘rsatguchi, qo‘pol peshtoqlari o‘tgandagi shaharlardan bir nishon va alomat saqlab turodurlar. Ot, tuya… tuya, ot… Mana O‘sh bozorining eng ko‘p mehmonlari! «Eshagiga yarashar tushovi!» – degandek, O‘sh shahriga yarasha shahar g‘amxo‘ri, ya’ni baladiya shu’basi! Shaharning birgina joyida birgina narsa ko‘rinmaydurkim, baladiya shu’basi o‘shani qilg‘an bo‘lsa… Bozor o‘rtasidan oqib yotqan chiroyli soyning ustida bir katta ko‘pruk solishibdur, so‘rattirsam: unda ham baladiya shu’basining ko‘p daxli yo‘q ekan. Bu Eski shahar. Yangi shahar ham mundin durust emas. U balki mundan ham badtar. Inqilobning buzush davrida buzilg‘an shaharlar mana bu 2-3 yilgi tuzash davrida tanimasliQ holig‘a kelayozdilar, ba’zilari keldilar ham. Lekin O‘sh shahri tez orada muni da’vo eta olmaydur. Munga katta bir sabab: O‘shning temiryo‘ldan yiroqlig‘i. Zamonimiz elektrik zamoni. Shunday zamonda temiryo‘ldan ham quruq qolg‘an bir shahar tezgina obod bo‘la olmas. Mundan 10 yillar burun temiryo‘l Andijondan nariga o‘tmas edi. Ulug‘ «olti shahar» Qashqar bilan bo‘laturg‘an munosabat O‘shni katta bir bekat (istansa) yasab olg‘an edi. Bir tomoni Yettisuv muzofotig‘a yetaturg‘an orqa taraf shahar bilan bo‘laturg‘an muomalasini O‘sh oraliq qilur edi. Turkistonning paxta ishlari uchun Qashqardan chiqib kelaturgan arzon qo‘l mardikorlari… 50 000 va 100 000 lab O‘sh orqalik o‘tarlar edi. So‘ngra: O‘sh ham chegaraga yaqin, ham ziyoratgoh bo‘lg‘anlig‘idan ko‘p kuchlarning o‘zig‘a tortilishig‘a sabab bo‘lur edi. Mana O‘shni burunlari obod qilib kelgan omillarning bir nechasi! Bu kun shu omillardan hech biri yo‘q. Shuning uchun O‘shning shaharlik va obodlik vajhidan ahvoli birmuncha vaqt shu holda qolsa kerak. Tog‘ yaqin: shunday biqinda. Bir necha qadam: tog‘! Biz ham rafiqlar bilan birgalashib chiqdiQ. Tog‘ning yonbag‘irlarida odamning beliga yetib o‘saturg‘an o‘tlar, ko‘kat, maysalar, qizg‘aldoq va boshqa gullar hali pastak-pastak bo‘ylari bilan yosh boladek endi tikkalanib, oyoqqa bosib keladur… Tog‘ning qora, jonsiz va qo‘pol toshlarining ham bir «xosiyati», bir «karomati» bor bu mamlakatda. Qo‘l tiqilsa – qo‘l og‘rimayturg‘an, bosh tiqilsa – bosh og‘rimayturg‘an, bel tegsa – bel og‘rimayturg‘an «muborak» chuqurchiqlari bor u toshlarning! Har bir «shifoxona» oldida bir shayx, bir ochko‘z, ta’makor aldamchi yolg‘on va yolg‘on sotib o‘turadur… Tog‘da, qora toshlar orasida bir qarichdan ortiqroq o‘sgan bir ko‘kat, bir o‘t yo‘qdurkim, boshlarig‘a bir parcha latta-putta ilingan bo‘lmasun! U lattalar hammasi ham irim, tegib bo‘lmaydur. Faqat «jinlar», «ajinalar», «arvohlar»gina ko‘zga ko‘rinmasdan kelib-ketib ketadurlar. Bechora o‘zbek xotuni! Senga 12 yoshingda kafan kiygizgan janoblar tug‘ulg‘an kuningdayoq seni irimlarning bema’ni quchoqlarig‘a irg‘itadurlar! Bilmaysen. Bilmaysen. Bilmaganing uchun sen hali ko‘b yillar shu irimlar uchun eng toza umidlaringni so‘ldirg‘aysen! Sening bilmog‘ing, o‘rganmog‘ing uchun keng yo‘l ochilg‘an shu zamonda senga ochilg‘usi maktablarning ta’minoti uchun mahalliy mablag‘ (mestnoye sredstvo)ning ko‘payishini tilaylik!.. O‘shda shahar va uyezd ijroqo‘mi bor, uning binosi ham O‘shning o‘ziga yarasha tarqov, ochiq-sochiq, mahkamaga kelishmayturg‘an bir bolaxona. Boshqa idoralarning joylari ham shunday. Balki mundan ham bo‘lmag‘urroq. Lekin birgina maktab bor. Binosi juda yaxshi, burun rus yerlik maktabi bo‘lg‘an. U ham biz borg‘anda remont qilinmag‘an edi. Remont uchun baladiyada pul yo‘q, muallimlarning ta’minoti uchun maorif shu’basida pul yo‘q, maorif shu’basiga bermak uchun Maorif kamisarligida pul yo‘q. Shunday qilib, shu birgina maktabning ham taqdiri qaltirab turadur. Xalq ta’minotiga o‘tkazganlar, xalqdan pul yig‘ish qiyin… Biz shahar bog‘chasida, eng go‘zal bir joyda o‘lturub edik, «gazetachilar kelibdur» deb xabar eshitgan bir kishi yonimizg‘a keldi. Yarim soat jon kuydirib kap-katta odam yig‘lag‘undek bo‘lub bir joyg‘a 2 martaba soliq chiqqanlig‘ini, shikoyatlaridan foyda bo‘lmag‘anlig‘ini onglatdi. Sho‘ro matbuoti o‘z asosini xiyla mahkamlab olg‘an ekan, buni biz o‘sha yerda ochiq bildik. O‘shda suv bilan yuraturg‘an bir elektrik istansasi bor. Quvvati ko‘b. Narxi ham arzon, olg‘uchilar oz. Hozir sim tortilmag‘an ko‘chalarga sim tortishga, narxni yana ham arzonlashtirishga harakat bor. O‘shning atrofida yashag‘uchi qirg‘iz xalqi maktabga va bilimga jiddiy intiladur. Gulshada yurt yo‘li bilan yaxshi bir maktab binosi tushdi; ochilish marosimida to‘y yasalib, maktabning 6 oylik ta’minoti yig‘ildi. O‘zgantda ham maktab binosi solindi. Gulshada muallimlar Qursi ochildi. Shular hammasi – xalqning tashabbusi. Lekin O‘sh shahri birgina maktabni ham ishlatolmaydur. O‘shning bosmachilardan qutulg‘anig‘a 2 yilcha bo‘ldi. Shuning uchun atrofida ekilgan yerlar ko‘p, dehqonchilik yaxshi. Suv serob. Har yerda bo‘lg‘anidek, munda ham ot-ulov kamligi bor. Bu ham vaqti bilan to‘ldirilur, albatta. Biz Jalolobodga kelgandan so‘ng bildikkim, shu choqqacha O‘shda davom qilib kelgan birgina kino‘tiyotr ham yaqinda Jalolobodg‘a ko‘chubdur… Nihoyat, bir kun tong chog‘ida Jalolobodga bormoq uchun Qorasuv istansasiga qarab yo‘lg‘a chiqdiq. Go‘zal tog‘i, go‘zal ko‘rinishi bilan go‘zal O‘sh shahri buzg‘un chehrasini qayg‘ug‘a to‘ldirub orqamizdan qarab qoldi… O‘shdan jo‘nadik. O‘sh bilan Qorasuv o‘rtasidag‘i yo‘l nima uchundir O‘sh – Andijon yo‘lidan ham bo‘sh, qatnovsiz ko‘rundi. Bo‘lmasa, O‘sh shahrini temiryo‘lga tutashdiradurg‘an ham tekis, ham yaqin bo‘lg‘an bu yo‘l qatnov, obod, karvonlar uzilmayturg‘an bo‘lishi lozim edi. Bu hol O‘shning har bir jihatdan ilgarigi mavqeini yo‘qota boshlag‘anini ko‘rsatadur. Hozir uning o‘rnini Jalolobod bilan O‘zgant qishloqlari olib boradurlar. O‘zgantga ketaturg‘an yo‘lning ustida bo‘lub, yaqinig‘a temiryo‘l istansasi soling‘ani uchun kichkinagina Xonobod qishlog‘i ham obod bo‘lub boradur. Jalolobod bo‘lsa allaqachondan beri O‘shning eng muhim savdo va sanoat jihatlarini o‘ziga tortib olub, kundan-kun kengaytirib keladur. O‘zgant qishlog‘i ham butun munosabatini Xonobod orqalik temiryo‘lga bog‘lab oldi, O‘sh bilan hech bir ishi yo‘q. Mozorlar, shayxlar, «ulug‘lar» maskani bo‘lg‘an chiroyli O‘sh shahri ustiga kundosh kelib qolg‘an yosh juvondek bir chekkada mahzun-mahzun qolub ketdi… O‘sh bilan Qorasuvning yarim belidagi Qashqar qishloqqa yaqinlashamiz. O‘ng yonimizda keng va zo‘r bir yer. Bu Turkistonni o‘ruslar olmasdan ilgari qaysi bir xon yo bekning bog‘i bo‘lg‘an joy. Qari-qari o‘ruklari o‘sha shonsiz, sharafsiz kunlarni esga tushurub turadurlar… Inqilobdan burun u yer «podshohlik yerlar idorasi» (upravleniye gosudarstv. zemel) degan mahkamaning qo‘lida bo‘lub, yaxshi nasllik otlar yetishtirish uchun unda «ot zovudi» ochilg‘an edi. U zovuddan O‘sh va atrofi, umuman, shu atrof uchun birmuncha yaxshi nasllik otlar yetishgan edi. Burunlari zovudning yonidag‘i keng ekin yerlari ham bir qarich qoldirilmasdan ekilib turar edi. Biz o‘tib ketayotgan vaqtimizda ekinlik yerlarni qarich-qarich yovvoyi o‘tlar bosub yotganini ko‘rdik… «Ot zovudi» ham buzulub ketgan. 1919 yilda Farg‘ona bosmachilarining sardori bo‘lgan Muhammadaminbek muhojir o‘ruslar bilan birgalashib O‘sh shahriga hujum qilg‘an va olg‘an vaqtida Safonov o‘rtoq qo‘l ostidag‘i qizil askarlar shu «ot zovudi»da bosmachilar bilan juda ko‘b otishgan ekanlar. Muni bizning aravakashimiz bo‘lg‘an o‘shlik yosh yigit sodda va shirin bir til bilan so‘zlab berdi. O‘sha otish vaqtlarida miltiq otmoq uchun teshilgan devor teshiklari oq bodroqdek bodrab ketganlar. Hozir u teshiklarni loy bilan chaplab, zovudning yaxshi uylariga o‘shal joylardag‘i ba’zi bir dehqonlar kirib olg‘anlar emish. Qorasuvg‘a keldik. Istansaning ichkari va tashqarisig‘a odamlar ko‘b to‘plang‘anlar: Andijondan kelaturg‘an po‘ezdni kutadurlar. Biz ham bilet kassasiga yaqinlashib, navbat bilan kuta boshladik. Po‘ezd narigi istansadan chiqdi. «Endi kassa ochiladur», – deb navbatdagilar siqilisha boshladilar. Birdan bir o‘rus baqirdi: – Po‘ezd to‘la, shuning uchun odam ham olinmaydur, bilet ham sotilmaydur! Hamma hayron bo‘ldi. Biz hammadan ham ortiq hayron bo‘ldiq. «Mushtum» bilan kengashdik, u: – Rassomim Tullya bo‘lsa haligi «bilet sotilmaydur» degan temiryo‘lchining ba’zi bir qiliqlarini chizib olur edi! – deb o‘z hasratini qildi. «Mushtum» bir narsani sezmasdan gapirmaydur. «Bilet sotilmaydur», – deb e’lon qilg‘an temiryo‘lchi tashqarig‘a chiqib, ba’zi bir «ishonchlik» savdogarlarga: «Bir narsa bering, bilet topamiz!» – demakchi bo‘lub qo‘li bilan «oqcha»g‘a ishorat qilg‘an. Temiryo‘lchining bu hiylasi «Mushtum»ning o‘tkur ko‘zidan qochub qutulmadi, ehtimolkim, «Mushtum»ning kelgusi sonlarida shunday «fazl va hunarlar»ga doir ba’zi bir «ajoyibot»larni tomosha qilsaq! O‘zimizning bemalol arava bilan bo‘lsa ham Jalolobodg‘a ketmakchi bo‘ldik. Faqat aravakashlar daryoning suvidan qo‘rqdilar. So‘ngra kechki po‘ezd bilan Andijong‘a qaytmoqchi bo‘ldik. «Jalolobod po‘ezdini uzatub qo‘yaylik», – degan bahona bilan istansaga chiqdik. Biletlarni olub, bir qizil vag‘ung‘a chiqib o‘runlashdik. Vag‘unlarda tiqinlik degan gap yo‘q. Bo‘sh joy juda ko‘b. Hatto ko‘b «erka» kishilar bahuzur cho‘zulub uxlab boradurlar. Agar 1-2 yuz kishiga bilet sotilsa ham vag‘unlar sig‘dirg‘unday… Qo‘ng‘iroqlar cholindi. Vag‘unlarg‘a bizdan boshqa ham 5-10 ta musulmonlar xurjun ko‘tarishib kirganlar edi, bemalol joylandilar. Boshqa vag‘unlarg‘a ham chiqqanlar ko‘p bo‘ldi. Uchinchi qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Po‘ezd qo‘zg‘oldi… Eshikdan taftishchi (kontrolyor) kelib kirdi. Biletsizlarg‘a solinaturg‘an jarimadan va uni undirishdagi uzil-kesillikdan xabarimiz bo‘lg‘ani uchun yuragimiz bir dukullab oldi. Po‘ezd ichida g‘alati-g‘alati, «ajoyibot», qiziq «sir»lar, tubjoy xalqqa qilinayotg‘an muomalalarni toza tomosha qildik. Sultonobodning buzulub ketgan istansasida to‘xtamasdan, katta daryodan otlab o‘tub, Xonobodda jindak to‘qtag‘andan so‘ng Jalolobodga kirib ketdik. Vodiylar ichinda qancha vodiy, Qon qildi jigarni vodiy, bodiy! Farg‘ona vodiysi to‘g‘risida aytilgan shu ikki yo‘l bayt Farg‘onadan yiroq tushub qolg‘an bir farg‘onalikning o‘z vodiysini sog‘inib aytgan baytlaridan ikki yo‘li. Men ham shu ikki yo‘l baytni qaytara-qaytara Jalolobod – Ko‘gart vodiysig‘a kelib kirdim. Avvalgi safarimda ham, keyingisida ham Jalolobodda ko‘p to‘xtashg‘a to‘g‘ri kelmadi. Bir kun-ikki kun! Zotan, Jalolobodning haftalarcha yurub ko‘raturg‘an joylari ham yo‘q. Musulmonlar qoshida hazrati Ayyub payg‘ambarg‘a nisbat berilgan uchun muqaddas sanalg‘an, zamon fikrchilari uchun esa yerning ko‘gartlik tabaqalaridan o‘tub chiqqan suvdan boshqa narsa bo‘lmag‘an qaynoq buloqlar bordurkim, Jalolobodning ko‘rilaturg‘an narsasi shulginadur. Jalolobod qishlog‘i yoki shaharchasining kun chiqish biqinidag‘i baland adirlarning bir chekkasidan chiqib yotqan u buloqlar burung‘i chor hukumatining diqqatini yaxshigina jalb qilg‘an edi. Chor hukumati ul joyni yaxshi, mukammal bir kururt qilib, shimol va g‘arbning bir ko‘zlik ko‘zoynak taqqan jintilmon (olifta) boy bolalari uchun ham shifo manbai, ham isrof va fahsh uyasi qilmoqchi edi. Shuning boshlang‘ichi o‘laroq alohida-alohida 10 xonalik buloq hammomlari vujudga keltirgan, ularning tevaragida ziyoratchilar uchun shahar musofirxonalari shaklida ayrim xonalar bino qildirg‘an edi. Buloqning yuqori tomonig‘a, adirning eng ustiga, bog‘chalar yasatmoq, yana yaxshi binolar solmoq rejalari chizilib, yerosti suv yo‘llar uchun temir quvurlar sanchilg‘an edi. Chor hukumatining sovuq va ko‘m-ko‘k ko‘zlari, yuqorisi jabr, quyisi zulmdan iborat bo‘lg‘an kirpiklarini bir-biriga yopishdirib shunday xayolga botgan vaqtida Osiyoning shu yovvoyi adirlari o‘rnida «muazzam va bo‘linmas Rusiya»ning rus zavqini sepayturg‘an go‘zal «Baden-Baden»ini ko‘rar edi. Jahon urushi boshlangandan keyin tor millatchi o‘rus muharrirlari Girmoniya kurortlari orqali Girmoniya xazinasiga tushgan pullari uchun qayg‘irmoqqa boshladilar. «Vatanparvar» o‘rus gazetalarining bittasida bir qaynoq millatchi yozadurkim: «Bizning eng ko‘p pulimiz Girmoniyaning «Baden-baden» kabi kurortlariga to‘kuladurlar: unda sarf qiling‘an pullarimiz Girmoniya davlatining xazinasig‘a tushadur, davlat esa u pullarni «Krup» fabrikasig‘a berib, o‘rus qo‘shinini qirmoq uchun 42 santimetrlik to‘plar hozirlatadur. Sarf qilinaturg‘an pullarimiz ko‘b bo‘lsa, kiborlarimiz yaxshi havolik joylarni istasalar, Qrim va Qafqaziya kururtlariga borsunlarkim, o‘z cho‘ntagimizdan chiqqan pul yana o‘z cho‘ntagimizga tushsun. Shuning bilan barobar hukumatimiz ham Qafqaziya va Qrim kurortlarini Girmoniya kururtlaridek yaxshilash yo‘llarini qarasun. So‘ngra boshqa o‘lkalarimizda ham yaxshi, shifolik joylar bor. Masalan: Turkistonda munday joylar birgina emas, bir nechta bor. Shularni Girmoniya kururtlaridek mukammal qilsak, vatanimiz uchun qancha katta xizmat qilmoq mumkin». O‘rus millatchisining shu maqolasini 1914 – 15 yillarda o‘qug‘an bo‘lsam ham, u vaqtda uning chin ma’nosiga uncha tushunmagan edim. Oradan 10 yil qadar vaqt o‘tdi, Rusiyada ulug‘ o‘zgarishlar bo‘ldi, «vatanparvarlik», «millatchilik» kabi so‘zlarga yangi ma’nolar berildi. Endi yuqoridag‘i maqolaning ma’nosi ham bizga butun ochiq va yopiq jihatlari bilan birga yaxshi onglanadur. Ayniqsa, o‘shal «Qizbuloq»ning yonida turib Ko‘gart vodiysig‘a nazar solsak, unda qator chizilib ketgan o‘rus qishloqlarini ko‘rsak, maqolaning mazmuni yana ham ochiq fahmlanadur. Chor hukumatining muhojirat idorasi haqiqatan muqtador kishilarning qo‘lig‘a topshirilg‘an ekan. Bu atrofda, fikrimcha, shu Jalolobod – Ko‘gart vodiysidan unumlik tuproq bo‘lmasa kerak. Shu joyga eng katta muhojirlar qishloqlari sanalg‘an eng qora muhojirlar o‘rnatilg‘an. Muhojirlar qishloqlarining o‘rtasida yarqirab ko‘ringan haybatlik butxona qubbalari chor hukumatining niyat va idorasini juda ochiq ko‘rsatadur. O‘ktyabr o‘zgarishidan keyin bosmachi kurashining eng qizg‘in davrlarida Ko‘gart O‘sh bilan O‘zgant orasida muhojirlarni bosmachilar safida ko‘ramiz. «Ozuq inhisori» (monopoliyasi)ga qarshi shiddatlik isyon ko‘targanlar shu muhojirlar bo‘ldilar. 1919 yilda Andijonni avrab olg‘an bosmachilarning eng qalin qatori muhojir askarlari edi. 1920 – 21 yillarda o‘tkazilgan yer islohoti chor hukumatining qora maqsadlariga sodiq qolub kelgan muhojirlarga yaxshi saboq berdi. Tevaraklarida tuya minib yurgan qirg‘iz, arava haydab yurgan o‘zbeklarni «bular ham odam» deyishga majbur qildi. Qancha qiyin bo‘lsa ham, burun kuchlab olg‘an joylarini asl, o‘z egalariga qaytarib berishga majbur bo‘ldilar. Vodiychaning muhojirlar masalasini sho‘rolar hukumati mana shu yo‘l bilan yaxshilab hal qildi. Endi kurort masalasi bor. Uni ham hal qilmoq kerak. Bugungi Hazrati Ayyub tom ma’nosi bilan bir kururt emasdur. Lekin shunday qilinishi kerak. Turkiston sho‘rolar jumhuriyatining markaz hukumati jumhuriyatning bu hol qimmatbaho joylarini hech bo‘lmag‘anda Qrim va Qafqaziya kurortlari bilan tenglashtirishga tegish. O‘rta Osiyoning kambag‘al dehqonlari, mehnatkash ishchilari o‘z jumhuriyatlarining shifolik joylarida hamma o‘ng‘aylik va qulaylikka erishganlari holda, dam olishga, istirohat qilishga tegishdurlar. Hozirga qadar bu to‘g‘rida juda oz ishlanganga o‘xshaydur. Kurortning hatto maxsus do‘xto‘ri ham yo‘q. So‘ngra Jalolobodda bu yil mutashakkil bir kururt ham bo‘lmadi, shekillik. Jalolobod, burung‘i esdaliklarda yozg‘anim kabi, kundan-kun taraqqiy qilib boradur. Munda, albatta, temiryo‘lning katta ta’siri bor. Bu yo‘lni yana ichkarilarga olib ketmoq ham mumkin. Jalolobodning o‘zida bir kasalxona bor, atrofida (muhojir qishloqlari uchun) ham bir kasalxona soling‘an ekan, hozir bormi, yo‘qmi, bilmadim. Maorif ishlari juda sust. Sustlikda markaz Maorif komissarligi bilan ham tenglashtirib bo‘lmaydir… Shaharda tubjoy xalq uchun birgina internat bor. U internat hukumat ta’minotida. Ilgari fahsh joyi bo‘lg‘an bir nomerni buzub, xalq yordami bilan yaxshi 4 sinflik bir maktab binosi solg‘anlar, biz borg‘an vaqtda bino bitishga yaqinlashqan edi. Lekin muallimlarning ta’minotiga na davlat xazinasidan, na mahalliy mablag‘lardan hech narsa berilmaydur. Xalq hisobiga ta’min qilish ham juda qiyin ekan. Jalolobodning maorifparvarlari shu to‘g‘rida bizga ko‘p shikoyat qildilar. Biz nima qilamiz? Gazetaga yozib tegishlik idoralarning qulog‘ig‘a quyub ketmakdan boshqa qo‘limizdan kelmaydur. So‘ng vaqtda Jalolobod ijroqo‘mining yaxshi tashabbuslari bor: shaharning katta qatnov ko‘chalariga tosh terdirilmakchi. Toshni daryodan tashib borish uchun yo‘l idorasi bilan onglashilg‘an. Bir qism sarfini Andijon ijroqo‘mi bermakchi bo‘lg‘an, bir qismini o‘zi topadur. So‘ngra shaharchani elektrik bilan yorug‘lash ishi ham yuzaga chiqib keladur. Bu xususda mavjud bir o‘t tegirmonning quvvatidan foydalanish yo‘lini topqanlar. Ba’zi bir asboblar hozirlang‘an, tezdan shaharcha elektrik bilan yorug‘lana boshlasa kerak. Mana bu ishlar, agar tashabbus qilinsa, har qayda ham ko‘p narsalar ishlamak mumkinligini ko‘rsatadur. Davlat sarmoyasidan oz berilsa ham, mahalliy mablag‘ yo‘lg‘a qo‘yilg‘an bo‘lmasa ham, tashabbus orqasida ko‘b narsa ishlamak mumkin. Muning misollari birgina Jalolobodda emas, boshqa joylarda ham bor. Lekin Jaloloboddag‘isi tashabbusning bekor ketmasligiga eng ochiq misol. Koshki, maorif ishlarida ham shu xil jiddiy tashabbuslar bo‘lsa-yu, ijodiy ishlar ishlansa va yangi qilinayotgan elektrik istansalari uchun qishloq dehqonlarining bolalaridan yosh ustalar, texniklar yetishsalar. Qaytmoq uchun vag‘unga o‘lturdik. 5-6 soatdan so‘ng Andijonda bo‘lamiz. Shuning bilan sayohatimiz tamom bo‘ladur. Shu katta sayohatning natijasida ko‘b narsalarni ko‘rdik. 5-6 yillik buzg‘unlik tarixini joy-joyida varaqlab o‘qib ko‘rdik. Buzg‘unlik haqiqatan juda kuchlik. Buzg‘unlikni yo‘q qilib, yiqilganni tiklash uchun juda zo‘r kuchlar, tuganmas g‘ayratlarga ehtiyoj bor. Yurt buzulg‘an. Lekin uning munbit tuprog‘i ko‘chib ketgani yo‘q, joyida. U tuproq orqali yana yurtni yashnatmak siz va bizning qo‘limizda, hurmatlik o‘qig‘uchilar! Viloyat teatr to‘dasi Hozir yosh O‘zbekistonning qurilush va o‘nglash davrida turamiz. Bu kunning shunga yarasha katta-katta masalalari bor. Ularning har birini yaxshilab hal qilish uchun ancha urunmoq lozim bo‘ladur. O‘shandaq katta masalalarga ham keng-kovurg‘ina joy topib bera olmay yotqan gazetamiz teatr-tomoshadek orqadaroq turg‘an masalalarga qavog‘ini burushtirmasdan joy bermaydur. Albatta, shundoq bo‘lsa ham Farg‘onaning viloyat teatr to‘dasi to‘g‘risida ozroq bir narsa yozib o‘tmasak bo‘lmaydur. Nimaga desangiz bu – bir viloyatning to‘dasigina bo‘lsa ham ovozasi dunyoni bosdi! “Qizil O‘zbekiston” gazetasi “Turkiston” nomi bilan chiqib turg‘an vaqtida mazkur to‘da to‘g‘risida uzundan-uzun bir narsa yozg‘an men o‘zim edim. “Farg‘ona”da Vahobxon o‘g‘li o‘rtog‘imiz ham shu masalaga chinakam bir qoqilib o‘tdi. “Farg‘ona”ning o‘sha sonida viloyat “teatr to‘dasi safarga chiqdi” degan “valualalik” (сенсационный) bir xabar ham bosildi. Hozir men o‘sha safarga ketgan to‘daning safardagi tomoshasig‘a suyanib bir narsa demakchiman. Kambag‘al “mahalliy mablag‘”dan shu teatr to‘dasi uchun katta-katta sarf bo‘lub turg‘ani – hammaga ma’lum. Buxorodan shu to‘da uchun eng yaxshi tarixiy kiyimlaridan bir muncha olib kelgani ham ko‘pimizga belgilik. Bu so‘zni biz piching yoki ta’na tariqasida aytmaymiz. Biz bu so‘zni suyunganimizdan aytamiz. “Suyunchilaymiz!” viloyat ijroqo‘mi san’at egalariga ham muncha ko‘ngil qo‘yar ekan yor bo‘lsun. R.K.P. O‘rta Osiyo buyuro‘sining raisi o‘rtoq Zelinskiy Buxoro qurultoylarining birida ma’ruza qilayotib “kimga ko‘b berilsa o‘shandan ko‘b so‘raladur” mazmunida bir narsa degan edi. Men ham bu kun “shu qadar ko‘b narsa berilgan” teatr to‘dasidan “shu qadar oz narsa oling‘ani” to‘g‘risida gapirmakchiman. Andijonda viloyat to‘dasi tomonidan bir teatr kechasi o‘tkazildi. Gapni cho‘zub o‘tirmasdan shunigina aytayinkim, agarda bir pardalik, kaltagina, mazmunsiz va qo‘pol til bilan tarjima qiling‘an kulgi asar bo‘lmasa unda o‘zimizning Mirshohidimiz bir oz kuldirmasa, o‘zbek qizi Qurbonli qori qizi………………………………………………………………….Kechaning teatr qismig‘a xat tortib qo‘yishg‘a to‘g‘ri kelar edi. Ayniqsa, qafqaschadan tarjima qiling‘an bir pardalik “Aka-singil” fojiasi ma’nosizlik, kaltalik, aloqasizlik va boshqa-boshqa har to‘g‘rida alohida-alohida bir “fojia” edi. Tarjima tili ham juda qo‘pol. O‘yinchilar ham (ona ro‘lidagi Gʻozi qizidan boshqalari, ayniqsa, yigit) juda yomon o‘ynadilar… Kechaning teatr qismini o‘zi arzimas narsa bo‘lsa ham o‘sha kulgi bir oz jonlandirg‘anidek, kechaning o‘zini ham konsert (ashula-o‘yun) qismi bir oz jonlantirdi. 3 ta – ko‘pchilik ashulasi tayyorlang‘an ekan. Hammasi ham durust chiqdi. Ayniqsa, “taronchi” kuyiga oling‘ani juda yaxshi edi. Murodjon degan bir ashulachi bor. Uning tovushi (o‘rtacha olsaq) yaxshig‘ina. Ayniqsa, mashhur Muhitdin qorimizni “G‘ayra-g‘ayra”da tovushi jihatidan yaxshi taqlid qiladur, faqat, qiliqda uncha emas. Eski Siddiq hojimizning o‘yunlari, albatta, joyida. Mana ko‘rasizkim, viloyat ijroqo‘mi bu to‘daga muncha ko‘ngil qo‘yg‘ani bilan undan kutgan narsasini hozirg‘acha ololg‘ani yo‘q. Mundan keyin ham tez orada yaxshiroq bir narsa kutish mumkin bo‘lmag‘andek ko‘runadur. Ozarbayjon shevasida “O‘lilar”, “Kovai ohangar”, “Uchurum”, “Parayjodu”dek katta narsalar Bokudagi “Tablig‘at” teatrining yengil va yaxshi asarlari turub quloq eshitmagan va ko‘z ko‘rmagan oddiy (1910 nchi yillarning) asarlarini sahnaga olib chiqishi bu – nima?.. Maskavda faqat o‘zbeklar uchungina ochilg‘an 3 yillik teatr maktabiga viloyat to‘dasidan kim yuborildi? Hech kim! Holbuki, hech bo‘lmag‘anda 3-4 kishini to‘da tomonidan yubormoq lozim edi. O‘shandaq qilg‘animizda, bu kundagi umidsizliklarimizni kelgusidagi umid bilan yupatar edik. Na – u bo‘ldi, na – bu! Shu bilan qayerg‘acha boramiz? “Mahalliy mablag‘”dan san’at uchun bir narsa oyirg‘an viloyat hukumatiga astoydil va bir yo javob beraturg‘an choqda nima deymiz? Ha bir “fojia” edi, unday ketdi! – deymizmi? Shu javobqa qonaturg‘an odamlar ko‘b topiladurmi ekan?.. Xitoy qo‘zg‘aldi “Qora Xitoy qo‘zg‘alsa dunyo buzular emish…” degan gap, burun-burundan el og‘zida bor. Birar joyda katta bir to‘palang bo‘lg‘anini aytishgan onalarimiz, hali ham “Qora Xitoy qo‘zg‘ala ko‘rmasun” deb qo‘yadurlar. El aytgan, xalq aytgan “to‘rt ko‘zlik, 2 boshliq, 8 qo‘lliq” qora Xitoy yo‘q. U gaplar Xitoyni tanimaganlikdan kelgan narsalar. Lekin to‘rt yuz milyon qadar kelaturg‘an ulug‘ Xitoy xalqi, Xitoy ommasi, Xitoy ko‘pchiligi bor. O‘sha song‘a yeta qolayozg‘an Xitoy ishchisi, Xitoy dehqoni, Xitoy mehnatkashi, Xitoy kosibi bor. Xitoydan boshqalarning oyoqlari tegmagan ko‘b joylarda, o‘sha ko‘pchilik – o‘ziga xos bir maishat bilan umr o‘tkazmakdadur. Bu kun ana o‘sha ko‘pchilikning ana o‘sha Xitoy ommasining qo‘zg‘alg‘ani to‘g‘risida dunyoning har tomonidan sim qoqib turadurlar. Shu choqqacha o‘z general va to‘ralarining ketlariga ergashib bir-birlarining qonlarini to‘kushgan Xitoy ishchilari, mehnatkashlari, endi – yot qironlarning chidab bo‘lmas zulmlariga qarshi bosh ko‘targanlar. Hozir, Xitoyning har yerida kunbotish jahongirlariga qarshi kuchlik bir harakat boshlandi. Qo‘zg‘olishning boshlanishi – Shanxay shaharidan bo‘ldi. “Shanxay” – Xitoyning eng obod, eng ishlik, “bozorliq” shahari. U yerda yot qironlardan kelgan boylar katta-katta zovud va fabrikalarni solib, minglarcha un va yuz minglarcha Xitoy ishchilarini ishlatib yotadurlar. Ishlatganda ham qandoq deysiz? Kecha-kunduz dam oldirish yo‘q, qimirlashqa fursat yo‘q, doim ishlatadurlar. Shuncha ishlatib ham bergan haqlari “mushukka – oftobg‘a chiqqani uchun” berilaturg‘an haqdan ham ozroq… Ana shu uchun eng avval Xitoy ishchilari, Shanxaydag‘i yot qiron zovudlarida ishlaguvchi Xitoy “qora ishchilari” qo‘zg‘oldilar. Zovudlarni o‘z qo‘llarig‘a olmoqchi bo‘lub ko‘rdilar, bo‘lmadi. Yot qiron askarlari bilan Xitoyning hozirg‘i hukumatga qarashliq palisalar, ularning ustiga yurush qiladilar. Qancha Xitoy ishchilarining qonlari zovudlarning temir panjaralik darvozalariga to‘kilib qoldi… Yot qironlarning odamlari har yerda va har ishda ham “Xitoy – o‘zimizniki” degandak ish tutadurlar. Shu uchun Xitoyning yuqori maktab talabalari, inqilobchi firqalari va boshqa shahar aholilari bir bo‘lub turub ko‘chaga chiqdilar; o‘zlarining yot jahongirlardan xafa bo‘lg‘anliqlarini bildirmak uchun bayroq ko‘tarib kucha aylandilar. Lekin, hech qayda hech kimga tegmadilar; yaroq-aslaha ushlamadilar. Ana o‘sha tinch namoyishchilarga qaratib bekardan-bekarga o‘q uzuldi. O‘q uzgan angliz palisalari edi. Talaba, ishchi va aholidan bir muncha kishi o‘ldi; bola-chaqalari ko‘chada yetim bo‘lub qoldilar… Hozirg‘i qo‘zg‘alg‘an to‘palang o‘sha voqea orqasida chiqdi. O‘sha voqeani dalvoy qilib turub, Xitoy xalqi yot jahongirlarga qarshi qo‘zg‘alish boshladi. Xitoyning har sinf, har xayol, har tabaqa aholisi qo‘zg‘alishqa aralashqan. Hatto katta Xitoy savdogarlarining Pekindagi qo‘mitalari, yot qironlar bilan muomalani to‘qtatmoqchi emish. Xitoy hukumati ham, katta qironlarg‘a noma yuborib “ajnabiy polisalarining zulmiga qarshi” noroziliq bildirdi. Unga qarshi katta qironlar ham javobnoma yozib “ayb bizda emas” dedilar. Munga qarshi Xitoy hukumati yana qattig‘roq noroziliq nomasi yubordi. Bu to‘g‘ridag‘i xabarlar gazetamizning xabar qismida bor. Lekin bu voqeaning bir qiziq jihati bor. Ya’ni: yot qironlar shu voqealarda ham “Maskav”ni “Bolshevik qo‘nsul”larini ayblamakchi bo‘ladurlar. Ayniqsa, Shanxayda huquqchi teskarichi ajnabiy gazetalari bu to‘g‘rida juda yomon hovliqib ketdilar. Albatta, dunyoning narigi chekasida bir qamishzorg‘a o‘t ketsa “bolsheviklar”dan ko‘rush odat bo‘lub qoldi. Bu odatni ko‘zi ochiq odamlar har qayerda ham tushunub qoldilar. Shundoq gaplar bilan na Xitoy xalqini va na bizni qo‘rqita olmaydurlar. Shundoq bo‘lsa ham, Xitoy xalqining xalq qo‘zg‘alishini bosmoq uchun yarog‘liq kuch ya’ni askar yuboraturg‘an vaqtda – haligidak ig‘volarning ancha foidasi tegadur. Nima bo‘lsa – bo‘lsun askar bilan, kuch bilan 400 milyonliq Xitoy xalqiga qarshi ketib bo‘lmaydur. Ketilganda ham hech bir samara chiqmaydur. 150 milyonli sho‘rolar elini yarog‘li kuch bilan yenga olmag‘an muttahamlar, 400 milyonli Xitoy xalqini yengamiz desalar, o‘zlarining ahmoqliqlarinig‘ina ko‘rsatadurlar. Xitoy xalqi – milliy qutulush uchun astaydil bel bog‘lasa, o‘zining xoin generallariga uncha ko‘b erk bermasa, hammasi bir yoqadan bosh chiqarsa va hammadan ham muhimi – chin inqilobchi bo‘lg‘an firqalarning yo‘li bilan ketsa… Bu va yo boshqa bir qo‘zg‘olishning natijasida maqsad va niyatlarga albatta, erishgusidur. Xo‘jayinlik yoshlar Andijonda bosmachiliq harakati davrida bir muncha yoshlarimiz va maktab bolalarining «ko‘zga yaqin»lari majburiyat ostida yoki havas bilan bosmachilarning tomonig‘a o‘tub ularning orasida «mahram» bo‘lub yura-yura bosmachiliq betishi bilan qutulub kelganlar edi. «O‘rgangan ko‘ngul o‘rtansa qolmas» degan singari haligi bolalar shohi tun kumush paynak, dandon soplik pichoq va katta-katta pullarga o‘rganub qolg‘anliqlari uchun shu kunlarda ba’zi savdogarlar yonida yana o‘sha qiyofat bilan ko‘rina boshladilar. Yaqinda bittasini milisiya boshlig‘i bazadan tutub oldi. Mana shu axvolni ko‘z oldida o‘tub Andijon yoshqo‘mi iqtisodiy huquq shu’basining diqqatig‘a quyidag‘i xidmatlarni tashlab o‘taman: O‘shandaq xo‘jayinlik yoshlarni ro‘yxatga olub xo‘jayinlarining ijtimoiy turmushlarini ba’zi xislatlarini surushturub 4-5 soat o‘qushg‘a majbur etilsun. Uncha-muncha ma’lumoti xat-savodi borlarini mumkin bo‘lsa,boshqa shaharlarga ham bo‘lsa yuborish chorasini ko‘rilsun. Xo‘qanddan “Padarkush” fojiasini ko‘rmoq uchun Andijondan Xo‘qandga kelib, milliy tiyotruni ko‘rub, o‘z hissiyotimni qisqalik ila yozmoqni kerak bildimki, ushbudur. Boy, Domla, Ziyoli, Artun, Pristav, Boyni(ng) kambag‘al ukasi, Liza, Davlat, Toshmurod, Tangriqul shaxsiyatiga kirgonlarga tahsin va tashakkurimni arz qilurman. Shuni-da yozayin, uchinchi pardadagi Boyni o‘ldurishi yaxshi ta’sirlik bo‘lmadi va Boybachcha shaxsiyati yaxshi ijro qilinmagandek bo‘ldi. Xususiy murojaat Toshkanddagi usmonli adabiyoti havaslilari bo‘lgan birodarlarimizga: Sarfi adabiyotdan istifoda etmak uchun Istanbulda chiqqan: “Shahbol”, “Turk yurdi” va “Ijtihod” majmualarining ba’zi bir adadlarini ko‘rmakka hiddatli ehtiyojim bor. Ular bebaho narsalar bo‘lganlikdan sotub olishga urunish bir behuda harakat o‘lur edi. Shuning uchun qo‘llarinda mazkur majmualarning bir necha jild yoki adadlari bo‘lg‘an birodarlardan iltimos qilur edimki, o‘zlarinda bor majmualardan muvaqqat suratda va o‘z joylarinda bir necha soat istifodaga ruhsat etsalar ekan. O‘z joylarinda bir qadar narsalarni ko‘rub olur va ba’zilarini yozub olur edim. Boshqa turli zarar kelmasligin vijdonim nomina ta’min etaman. Qo‘llarida bor narsalar haqinda marhamat qilub kaminani xabardor etsalar, adresim: Sobiq “Turkiston” no‘mralari 48 nchi xona (soat 3 dan so‘ng). Yana qon sharpasi Gazetamizning bu sonida Yunoniston poytaxti Afina shaharidan berilgan bir xabar bor. Ul xabardan va undan burun ham gazeta betlarida ko‘rulub o‘tgan imo va ishoratlardan bir narsa anglamoq mumki: Yaqin Sharq mas’alasini tinchliq bilan hal qilmoqni istamaylar! Yaqin Sharqda daryo-daryo oqqan qonlar hali yerga singib bitkani yo‘q. Urush chog‘ida buzulg‘an, yondirilg‘an – kuydirilgan qishloq va shaharlar hali tuzatilgani yo‘q. Urush natijasida vatanjudo bo‘lg‘an bechoralar, hali tuzuk-quruq bir yerga o‘runlashqanlari yo‘q. Urushda qarindosh-urug‘laridan ajrab qolg‘an yetimlarning ko‘z yoshlari hali qurug‘ani yo‘q. Shu holda yana urush sharpalari yarash sharpalaridan ko‘ra kuchlikrak eshitilmakdadir. Buning aybi Onato‘li xalqida, uning boshida turg‘an Kamol hukumatida emas. Buni ochiq va qat’iy da’vo bilan aytamiz. Mustafo Kamol kechagina so‘zlagan bir so‘zida: “Bizning takliflarimizga butkul qarshi javob kelsa ham urushdan ko‘ra yarashish yaxshi” dedi. Turkiya hukumati, turk xalqi har kun, har soat: “Biz tinchlik istaymiz! Biz tinchlik bilan ichki ishlarimizga mashg‘ul bo‘lub, bu xarob bo‘lg‘an yurtni tuzatmakchi bo‘lamiz” deb baqirib, har kimga eshitdirib turubdir. Lekin, narigi tomondan kelgan sharpalar bunday emas. U yerda yana qilich qayralg‘ani eshitiladir. Yaqindag‘ina yunon bosh vaziri turub: “Turkiyaning yarash shartlariga ko‘nmak sira mumkin emas!” deb edi. Marich nahri bo‘yiga yunon qo‘shuni to‘planayotqani to‘g‘risida ko‘bdan beri xabar berilib keladir. Kechagina qaysi bir yilda tug‘ulg‘an yunon yigitlariga safarbarlik e’lon qiling‘anini o‘qug‘an edik. Bu kun: yunon harbiya noziri tomonidan yorog‘ bilan aloqasi bor hamma yunonlikka “hozir bo‘lub turung” deb buyruq qiling‘anini Chanoqqal’a bo‘g‘ozig‘a urush kemalari yig‘ilg‘anini eshitib turubmiz. Yunon hech vaqtda bekarga hovlag‘an it emas. Orqasida olkishlaguvchi bo‘lmasa ul hech kimga yugurgan emas. Bukun Yunonistonda rasmiy bo‘lmasa ham g‘ayrirasmiy katta e’tiborg‘a ega bo‘lg‘an mashhur Vanazilosning bir yo‘ldoshi bosh vazir “qilinmoqchi” edi. Ul kishini siz va bizga tanitqan choqda teleg‘rom shirkati: “Bu kishi ittifoqchilar rozi bo‘lmasalar urush qilib bo‘lmas, degan fikrdadir, deb o‘tgan edi. Bukun Yunonistondan oshkora urush sharpalari kela boshladi. Demak, haligi “roziliq” degan narsa ham butkul xayol emas. Balki, bizdan yashirin tutulaturg‘an haqiqat! Demak, Yunoniston bir martaba qoralig‘i bilingan baxtini yanabir qur sinab ko‘rmoqchi. London bilan Parij “xo‘jayinlari” ham bunga “xo‘b” deganga o‘xshaylar. U holda Anqara nima qilar? Anqaraning qilaturg‘an ishini “Yangi kun” gazetasida Yunus Nodibek juda ma’nolik so‘zlar bilan bildiradir: “Urush yangidan boshlanaturg‘an bo‘lsa bizning rejamiz shuki, bir tarafdan o‘zimizga lozim bo‘lg‘an harakatlarimizni qilamiz; ikkinchi tomondan esa, o‘zimiz uchun hozirg‘idan ham foidalik yarash shartlarini e’lon qilamiz. U choqda yarash ahdnomasiga qo‘l qo‘ymoq uchun bi Ovrupog‘a emas, Ovrupo bizning yonimizg‘a kelishi kerak!..” Boshqa nima kerak? Yana qo‘zg‘aldilar Yana qo‘zaldilar! Elimizni, yurtimizni og‘ir va qiyin kunlarga qoldirg‘an, boshimizg‘a falokat ustiga falokat keltirgan borlig‘imizni “odam” va “fano”ga to‘g‘ri sudragan qup-quruq miyalik “ulamo”lar, to‘g‘risi ulamolar tag‘in qo‘zg‘aldilar. Ularni 4-5 yillik berkinish va qochishda ko‘chaga, maydong‘a tortib chiqarg‘an narsa yangi siyosat (NEP) bo‘lsa-da, qo‘zg‘atib, shovilanib, hovliqtirib yuborg‘an narsa Farg‘onadagi ochliqdir. Farg‘onag‘a ochliq kelmay o‘lsun! Farg‘ona ochliqqa yo‘luqmay qolsun! Farg‘onani qizg‘onib, Farg‘ona ochlig‘ig‘a yordam kabi ulug‘ vazifani tushuntiraman deb andijonlik Zahiriddin A’lam bir gap aytib yubordi. Ko‘p zamondan beri aytila olmay kelgan ravshan va ochiq bir haqiqatni aytib qo‘ydi. Qo‘zg‘aldi to‘lqun! Toshdi daryo! Andijon qozizodasi russko-tuzemni havosida ruhi, miyasi chirigan “to‘ra” maxzum ko‘tarildi, oshdi, toshdi. Toshkent ulamolari ichiga kirib mahkamai shar’iya yonida aylanib Zohir mahzumni yomon ko‘rsata olmag‘ach Turkistonda haq va haqiqatni boturliq bilan aytkuncha shu birgina kishini “kofir” qila olmag‘ach o‘zi kabi bir-ikki bo‘sh miyalarni topib muxtasar tarjimonini orqasig‘a ergashtirib hukumatga xiyonat (donus) qilmoq uchun ham tirishdi. Bilmadik, bu yo‘lda biror narsa qila oldimi, yo‘qmi. Lokin shu ish bir daf’a dam bo‘lub ketgan edi. Hammamiz tinchgina o‘z ishimizga mashg‘ul edik. Faqat, faqat bu tinchliq shuning uchun ekankim, qozizoda Toshkentdan Farg‘onag‘a ketgan ekan. Farg‘onaning Andijon shahriga borib yeng shimarlab ishga kirishgan ekan. Qozizoda Andijon ulamolariga: “Zahiriddin A’lamni “Qizil bayroq”da yozg‘an maqolasi uchun Toshkent ulamolari “kofirlikka” hukm qildilar. Siz ham shunga rivoyat qilib bering, Turkistondan haydaturmiz” degan. Bu ig‘vo va bu yolg‘ong‘a aldang‘an kishi Andijonda bormi, yo‘qmi bilmadik. Biz o‘zimiz yo‘q bo‘lsa kerak deb o‘ylaymiz. Negakim, Andijon mahkamai shar’iyasining boshig‘a chiqib olib darra saltanatini ko‘rg‘an kishilar endi o‘z xatolarini tushungan, har xil egri yo‘llarg‘a saqlanibroq kiraturg‘an bo‘lub qolg‘andirlar. Agar hanuzgacha tushunmagan bo‘lsalar yaxshi tushunsunlarkim, din va shariat nomidan xalqni eski dunyog‘a, boylar, qorni to‘qlarg‘a bo‘yin egdirish olamiga olib bormoqchi bo‘lg‘anlarg‘a sira yo‘l berilmas. Hukumatimizning yangi siyosati hech vaqtda haqiqatni aytguchilarga kishan, siyosat qilg‘uchilarg‘a yaltiroq to‘n kiygizish uchun emasdur. Hukumat boshidag‘i yo‘lboshchilarimizdan hech bir vaqtda bir to‘da qup-quruq miyalarning buzuq fikrlarini butun Turkiston ulamosining haq va haqiqatga qarab yurguchi kishilarning fikri deb anglamas. Siyosatni qurol qilib burung‘i to‘ralikga erishmakchi bo‘lg‘anlar qat’iyan xato qilalar! Eli-yurti necha yillardan beri islomda bo‘lmag‘an xurofotlar bilan zaharlanib kelgan ishchi-dehqon miyasini yana badtar zaharlamakchi bo‘lg‘anlar, ularga dinning asosi haq yerlarini tushundirishga qarshi bo‘lg‘anlar maydonda ortiq erkin ot o‘ynata olmaslar. Qo‘zg‘alonlar qo‘zg‘ala bersinlar. O‘zlarining manfur siyosatlarida davom eta bersinlar. Faqat, natija hech vaqtda ular aytgancha chiqmas. Chunki sho‘rolar idorasi Turkistonda bordir va bor bo‘lg‘usidir! Yangi gazeta Shaharimizda firqa va yoshlar tashkiloti tomonidan o‘zbek tilida haftalik bir gazeta chiqarila boshlandi: matbaada, harflar bilan bosilaturg‘an bu gazetaning ismi “Qizil qlub” bo‘lub, birinchi soni chiqdi. Gazeta hozirga devor gazeti shaklida bir betlik bo‘lib chiqmoqdadir. Matbuotning tugallanishiga urunmoq bilan birga bu gazetani ham yaxshi bir yo‘lg‘a qo‘yub yubormoq mumkindur. Shaharimizda ma’naviy kuch kifoya qiladur. Moddiy jihatni, ayniqsa, matbaa bilan bo‘laturg‘an moddiy aloqani yaxshi va ishonchlik yo‘lg‘a qo‘ymoq kerak. Yaqin Sharq konferensiyasi arafasida Isvichraning Luzon shahrida ochilmoqchi bo‘lg‘an Yaqin Sharq kanferensiyasi ochilg‘an bo‘lsa kerak. Uning ochilishi uchun belgilangan eng keyingi muddat 20 nchi noyabr edi. Inqilobchi Turkiya vakillarining Luzon shahariga borib-yetkanlariga bir necha kun bo‘ldi. Faqat, vakillar boshlig‘i Ismat Poshoning Puanqara bilan ko‘rushmak uchun Parijg‘a borg‘anlig‘i to‘g‘risida xabar bor edi. Fransuz vakillari ham 19 nchi noyabrda Luzong‘a qarab yo‘lg‘a chiqqanlar ekan. “Exo de-Pari” nomliq fransuz gazetasining xabariga qarag‘anda, Luzon shahariga Serbiya va Bulg‘oriya vakillari bilan 3 kishidan iborat Misr vakillari ham kelganlar. Bu Misr vakillari, bilmadikkim, qaysi Misrning vakillari bo‘lsalar? Angltara hukumatining “g‘ulombachchasi” bo‘lg‘an Sulton Fuod hukumatining vakilimi ekan, yoki Misrda Angltaraning “madaniy chehra”sini ko‘rmakdan bezor bo‘lg‘an asil Misr xalqining vakillarimi ekan? Londondan berilgan bir teleg‘rom Misr millatchilari tomonidan Luzon kanferensiyasiga maxsus vakillar yuborilishini bildiradir. Ul vakillarga topshirilaturg‘an vazifa – Misrning to‘la istiqlolini va Misrning ichki ishlariga yotlarning aralashmaslig‘ini talab qilmoqdir. Ikkinchi tomondan Angltara hukumati ham Misrdagi o‘z “mahramlari”dan bir nechasini kanferensiyaga aralashdirib, ularning xiyonatlik tovushlari bilan o‘z manfaatini qattig‘roq ilgari surmakka tirishadir. Teleg‘rom xabarida hali bu keyingi to‘g‘rida hech bir ma’lumot yo‘q. Endi kanferensiyaning asosiy maqsadlariga kelaylik: kanferensiyaning maqsadi Sharq mas’alasi degan chigalni yechmakdir. Sharq mas’alasi degan zamonda ilgari keng doiralik, juda katta bir mas’alani anglar edik. U vaqtda shu Sharq mas’alasining ichiga butun Arabiston, Misr, Al-Jazira viloyatlari va Arzi Maqdis o‘lkasi ham kirar, arab, turk, kurd, yahud kabi bir muncha millatlarning yozmishi ham orag‘a otilur edi. Endi hozir u o‘lka va millatlarning yozmish Gʻarb jahongirlarining xirs va tama’larini qondirg‘uliq bir suratda vaqtincha bo‘lsa ham hal etilgandir. O‘lkalar va u millatlar Ovrupo “yengganlari”ning “taxti himoya”siga oling‘anlar, boshlarig‘a qo‘yilg‘an “amir” va “qirollar”ning davlatlariga duo qilib “tinchgina” yashamoqdalar. Hozir Sharq mas’alasi burung‘iday ulug‘ bir mas’ala emas, kichkina, lokin og‘ir bir Yaqin Sharq yoki to‘g‘risi “Turkiya” mas’alasida, shuning uchun Sharqdagi ezilgan xalqlardan, faqat, Turkiyagina bu kanferensiyaga aralashib, boshqa ezilgan Sharq o‘lkalari chekada tomoshachi bo‘lub turadirlar. Turkiya mas’alasi ham hal etilgan kabi edi. Ul chigalni ham inqilobchi Turkiyaning botur o‘rdusi o‘z nayzalari bilan hal etgandek bo‘lg‘an edi. Turkiya mas’alasini Angltara rejasiga muvofiq hal qilmoq istagan yunon kuchugi ikkinchi martaba g‘ingshimayturg‘an bo‘lub chekilgan edi. Shuning bilan Yaqin Sharq mas’alasi ham ortiq “qiyl va qollar”g‘a luzum qolmasdan hal etilmagi kerak edi. Turkiyaning Istanbuli, Trokiyasi berilub, ajnabiylar uchun qo‘yulg‘an ortiqcha imtiyozlar yo‘q qilinib, to‘la istiqloli tasdiq qilinib, bo‘g‘ozlari erkin qo‘yulub ishning bitmagi kerak edi. Lokin Ovrupo jahongirlari, ayniqsa Sharqning eski dushmani bo‘lg‘an Angltara buni istamaydir, Turkiyaga, turk xalqiga burung‘idek hayvonlar muomalasini qilmoqchi bo‘ladir. Faqat, o‘zining egri maqsadlariga yetmak uchun Turkiyaga bir oz “yon berib” kelgan Fransiya ham Angltara xorijiya noziri Lord Kerzonning ustalig‘i orqasida to‘nini teskari kiyaturg‘an bo‘lub turadir. Qon bilan, zo‘rliq bilan, hiyla, makr, fasod va nomashru’ yo‘l bilan ish boshig‘a o‘lturg‘an fashistlar Italiyasi Turkiya mas’alasida qattig‘ do‘qlar qilib, dag‘al yuz ko‘rsatmakda, qo‘pol so‘zlar irg‘itmoqdadir. Shu sabablik Medoniya kanferensiyasi bilan Luzon kanferensiyasi orasidag‘i farq kundan-kun kengaymakdadir. Luzon kanferensiyasi ochilmoq arafasida; biz bu yo‘llarni yozib turg‘an choqda balki ochilib, ishga ham boshlag‘andir. Kanferensiyaning boshliqlari 3 davlat vakillaridan iborat bo‘ladir, degan bir teleg‘rom bor edi. Albatta u uch davlatni nom-banom ko‘rsatib o‘turmoqqa hojat yo‘q. Unlar – hammamizga ham ma’lumdir. U uchning orasida yenggan Turkiya yo‘q. Uni o‘ylagan kishi ham yo‘qqa o‘xshaydir. Demak, Turkiyaning yengganini yengganga hisob qilmoq unga bir foida chiqarmasliq uchun tirishalar. Luzon arafasida Angltara, Fransiya va Italiya kattalari orasida ko‘rulgan “samimiyat”, “muxolisliq” (Solidarnost) shuni ko‘rsatadir. Ikkinchi tomondan yengganlar ham bo‘sh kelmaylar; Ovrupo kattalarining u qo‘polliqlarig‘a qarshi ajib bir sovuqqonliq saqlaylar; komil tinchlik va o‘zga ishonishliq bilan: “biz bu yerga kattalarning buyruqlarini qabul qilg‘ali kelmadik, biz odam qatori, insof doirasida so‘ylashmakka keldik. Bo‘lmasa biz indamay qaytib ketaberamiz” deydirlar. Yenggan Turkiyaning butun shu sirlarni yaxshi tushungan vakillari kanferensiyaga ko‘b katta umid bog‘lag‘anlari yo‘q. Turkiya vakillarining boshlig‘i Ismat Posho bir oz vaqt bundan ilgari: “Yana qilichg‘a yopishaturg‘ang‘a o‘xshaymiz” degan edi. Uning Luzonda gazeta muharrirlariga bir necha daf’a aytgan so‘zlari ham: “Bizning haqqimizni bermasalar, bizning haqlig‘imizni tanimasalar kanferensiyalarini boshlarig‘a ursunlar” degan so‘ziga keladir. Turkiya inqilobchi hukumati o‘zining qiliqlari bilan ham o‘zining mahkam azmini ko‘rsatmakdadir: Istanbulda mulkiy idorani o‘z qo‘lig‘a olg‘an Rif’at Posho qochib ketgan sultonning saroyiga qulup solib qo‘ydi. Onato‘li Millat Majlisi sultonni tushkan e’lon qildi. Anqara hukumati sultonni va uning butun hukumatini hukmga bermakchidir. Luzon ochilish arafasida. Har ikki tomon ham bir-birlariga so‘ng daraja xo‘mrayib, zaharlik qarashlar bilan qaraylar. Har ikki tomon ham so‘ng daraja matonat bilan Luzon imtihonig‘a kirishmakdalar. Bu yoqda biz Rusiyaning mehnatkash kambag‘al xalqi, o‘zimizning 5 yillik puxta hukumatimiz, butun dunyo ontar-to‘ntarini boshqaraturg‘an ulug‘ jam’iyatimiz (baynalmilalning Maskavdagi 4 nchi yig‘ini) bilan birga ezmak istagan bilan ezilmak istaganlar orasidag‘i kurashni, avvalgilarga achchig‘ nafrat va keyingilarga qizg‘in muhabbat saqlag‘animiz holda ta’qib etmakdamiz. Yer qimirlashlar Bir-ikki haftadan beri shaharda tinchsizliq bor. Shu orada ikki martaba qattig‘, 3-4 martaba yengil qimirlash bo‘ldi. Gulsha, Qurshob va Kampirobod (Qoradaryoning bosh) taraflaridan turluk-tuman qo‘rqinch xabarlar kelmakdadir. Rasmiy, tasdiq qiling‘an xabarlar bo‘lmag‘ani uchun, xalq shu og‘iz xabarlari bilan besaranjom bo‘lub turdi. Na Toshkant va na muzofot gazetalarida rasadxona xabarlari ko‘rulmadi. Gazeta xabarlarini qidirg‘anlar ko‘b bo‘ldi. Xalq kechalari uyda yotmasdan, mumkin qadar ochig‘roq joylarda yotmoqdadur. Bir necha kungacha ehtiyot bo‘linsin degan mazmunda ijroqo‘mdan rasmiy buyruq berildi. Yolg‘on aralashqan da’volar Ayb hech kimda emas, na do‘lda va na tegirmonda. Ayb karmonda va hamyonda. Yo‘q, bu da’volarning hammasi bezraygan yolg‘on. Manimcha, hamma ayb eski Toshkand ijroqo‘midadir. Yo‘q to‘g‘ri emas birgina eski shahar ijroqo‘mi emas, hamma shahar ijroqo‘mida ham bor. Lekin ayb ijroqo‘mlarning buyrug‘ini eshitmagan bo‘limlaridadir. Afv etasiz, ko‘b yerda bo‘lmaylar 2… 3 oylab oyliklarini ololmaydirlar. Nima qilsunlar. Bechoralar, ovul va qishloq sho‘ro ishchilari besh yildan beri oylik olmag‘anlari holda butun davlat egasi shular; ijroqo‘m raislari davlatlik boylardan kam emas. Mana bu da’volarning hammasi ham yolg‘ondir, ishonmangiz. Manimcha, hamma ayb hazrat Odamning jannatdan haydalishig‘a bois bo‘lg‘an iblis mal’undadir. Man bo‘lsam, butun aybni baladiyya idoralariga qo‘yar edim, chunki tobqan-tutqanlari ko‘pruk tosh yo‘llari yurub o‘z qorinlarig‘a ketadir. Ya’ni, demak aytamankim, bizning musulmon qismlaridagi baladiyya bo‘limlarining tobqan-tutqanlari o‘z oyliqlarig‘a ketadir. Eski Toshkand dumaxonasining o‘z so‘zicha, “Oyliqqa ham yetmaydir”. Mana endi, bu ham tuhmat! Yolg‘on. Og‘izdan bir chiqib ketdi-da, og‘a-inilar! O‘ylab qarasam, hamma ayb sog‘liqni saqlash bo‘limi o‘rnig‘a ochilg‘an baloi ofat bo‘limlarida ekan… Bu ham quruq tuhmat! Dunyoda kimning aybi bor?… Aybi yo‘q. Birgina ayb bizning ahmoqlig‘imizda, musulmon boshqarmalarining siyosiy tarbiyasizligida. Ularning ko‘blari ishdan keyin masjid jilovxonalarida o‘tkanning o‘rog‘ini, ketkanning ketmonini olib o‘ltiradirlar-da, ustal talashib o‘rtadag‘i ishchi-dehqonlarning boshini yorib ko‘zini chiqaradirlar. Idoraga kelganda almoyi-aljoyi qassobg‘a imo, baqqolg‘a ishorat… Endi tuzalgan eid, ular asfala sofilinga ketkan eid, mana shu yolg‘on gap edi. Qani o‘lgani, ular yana tiriklar. Lekin ustal talashadirlar. Umidlari yana ustalga o‘ltirmoq. Yolg‘on da’vo bo‘lsa-da aytib o‘tdik-da, birodar. Ha, uyung kuygur qaysi biri to‘g‘ri?.. Hammasi to‘g‘ri, hammasi egri ham yolg‘on… O‘h… kimniki to‘g‘ri, mullolarnikimi? Yo‘q. Iymonchilarnikimi? Yo‘q. Bo‘lmasa umrini fisq-fujur bilan o‘tkazgan millat bolalarining nomusini yerga bukkan ma’lum va mashhur Usmon polvonniki to‘g‘rimi? Ha, shuniki to‘g‘ri. Nimaga? Nimaga bo‘lar edi zamona zo‘rniki, tomosha ko‘rniki. Yana zamon, pasqamda pishqirish, Usmon polvonlarniki. O‘lma, bu da’vong bo‘sh ketdi. Nima zarari bor, menim to‘rt tomonim qibla, nima aybi bor, hamma gapim yolg‘on. Dod deb yuboraman-da, nima demakchisan. Yuqoridagi uchi yo‘q chuvalib ketkan uchuruqlaringdan hech narsa tushuna olmadim. Tushunmasang bo‘g‘ilib o‘l. O‘rtoq, qo‘y, nima demakchisan, ochib so‘zla! Ochib so‘zlaymi? Ha… Keragi yo‘q. Iltimosimni qaytarma. Xo‘b, qabul qildim. Ayb hammada. Lekin jim… Hech kimga aytma, ayb hammada, hattoki ayb ham aybdor. Masalan, yaqinda militsiyalar hayit kuni Taxtapul darvozasida bachcha o‘ynatdilar. Buxoro qizil askarlarining ko‘blari bedanabozliq bilan mashg‘uldirlar, bu ayb emas-ku, aytib o‘tik-da. Hayit kuni har yerda sinfiy ayirmas bitdi. Istaganlar yangi iqtisodiy siyosat sharafiga urushtirildi, attang, og‘zimdan chiqib ketdi. Aybi yo‘q. Eski shaharda ustal talashi, bosh yorilg‘an, ko‘z chiqqan, o‘t bilan suv bu kun birlashkan, ha nima uchun bunday? Kuch-quvvat birlikda emish… Sinfiy tortish qaydasiz, ustal mas’alasi. Chu… Ko‘zingni och, qarg‘a. Bu yerda bir oz chegarani kattaroq kesib yubordim. Mashhur Samson Usmon polvonning bog‘ig‘a ko‘chib chiqqan, Ostroumov hukumat ishiga kirmakchi bo‘lub yurar emish. Buxoro eskichilari amirning haqiga duo qilar emishlar. Yangi imlochilarga qirg‘in kelar emish. Har qayerda ulamo jamiyati ochilmoqchi emish… Mana bu xabarlarning hammasi to‘g‘ri emas. Nega desang, bo‘yoqchining xumi buzilg‘an. Hukumat diniy xurofot bilan kurashmak uchun bel bog‘lag‘an. Biroq, bizning musulmon mas’ul ishchilarining ko‘bi ma’lum va mashhur. Afv etasiz, ularning haqidagi da’volarning hammasi lof, yolg‘on. Masalan, odamlar gap tarqatdilarki, go‘yo bizning bir necha kommunistlarimiz eshong‘a qo‘l beribdir. Yusufxon eshon o‘lganda bir qancha kommunistlar yig‘lab o‘lay debdir. Yusufxon eshonning sassig‘ murdor jasadi uchun yangi mozor ochishg‘a sabab bo‘lg‘an emish. Voy yolg‘onchining uyiga o‘t tushsun. Eski shahar sog‘liqni saqlash bo‘limi boylardan bir narsa… olib eski shaharga o‘luk ko‘mish uchun ijozat berar emish deb, shu to‘g‘rimi, eski shaharda o‘luk ko‘mish uchun ijozat beradurg‘an mahkamalar juda ko‘b, yomonning kuchi yapaloqqa yetar, hammangizning kuchingiz sog‘liqni saqlash idorasiga yetibdir-da. Ijroqo‘m, idora bo‘limi, militsiya idoralari bilan ishingiz yo‘q, hammasida ham ayb bor emasmi? Puchuq tabib avval o‘z burningni tuzat, agar san ham biror idoraga boshliq bo‘lsang edi, nima qilar eding, hammasi menga ma’lum. Ayb hammada bor-ku, biroq butun janjal afandining choponi ustida!… Yoshlar orasida Leninchi yoshlar o‘z vazifasini bilishi kerak! Bu kungi leninchi yoshlar firqaning hozirliq qursining talabalari hisob qilinadur. Ya’ni erta-indin chin firqa a’zosi bo‘lub umumiy ijtimoiy, siyosiy ishlarda haqiqiy rahbarlar bo‘lub yetishadurlar. Bu kun biz leninchi yoshlar safining kundan-kun kuchayishi, sonining ortishi bilan na qadar quvonsaq, lekin ularning ichki siyosiy tarbiyalari uchun ham shunchalik urunishimiz kerak. Buning uchun birinchidan, yoshlar safining ichida haqiqiy birlik, samimiy o‘rtoqliq bo‘lishi lozim. Afsuski, yoshlar haligacha kamisarlik ustalidan pastga tusha olmaymiz, bizga o‘zlarini boshliq, chin rahbar deb o‘ylag‘an ko‘bkina mas’ul yosh ishchilarimiz hatto haftalik majlislarimizga ham bir sarqadam kelmaydilar. Yoshlarga kelishmaydi Popirusning na qadar zararli ekanligi, uning kishining o‘pkasiga bo‘laturg‘an ziyonlari ma’lum. Bu to‘g‘rida so‘zlab o‘turushning hojati ham yo‘q. Kattalarimiz tushunub turub o‘zlarini o‘zlari zaharlayturg‘an kishilarimiz mayli chekaversunlar; ammo bizning yosh kamsamo‘l a’zolari shunday ziyonli narsani bu kundanoq tashlashlari kerak. Yosh, o‘qush yoshidag‘i bolalar ko‘chama-ko‘cha popirus sotib umrlarini bekorga o‘tkazadurlar. Hatto, ko‘bgina yosh bolalar, ota-onalarining pullarini o‘g‘rilab bo‘lsa-da popirus olib chekadurlar. Bizning ugorkomol va boshqa yuqori idoralarimiz shular to‘g‘risida tadbirli bir chora ko‘rsa edi. Yozuvchilarimiz Chirchiq qurilishida Toshkentdan bir necha chaqirim narida, Chirchiq daryosi bo‘ylarida, Butunittifoqning eng katta korxonalaridan biri qurilayotir. Yigirma-o‘ttiz chaqirim kelaturgan bir masofani tor izli temir yo‘llar, tosh yo‘llar, ishchi baraklari, kattakon avtomobil garajlari, ikki avtomobilni bemalol olib o‘taturg‘an azamat paromlar, haybatli ekskavatorlar (yerni o‘zi qazib, o‘zi tashuvchi mashina), gidromonitorlar (suv kuchi bilan adirlarni yiqitaturgan mashina), necha yuzlab avtomashinalar, necha minglab odamlar qoplagan. Chumoli uyasidek qaynagan bu keng maydonda quvvatli projektorlar nurida kecha-kunduz tinimsiz ish boradi. Dnepr qurilishi kabi eng zo‘r qurilishda ish ko‘rsatib mukofotlangan bir qancha injener-texniklar va yuqori ixtisosli ishchilar Chirchiq qurilishiga yuborilganlar. Sho‘x va sarkash Chirchiqning necha yuz bilan ming yillardan beri o‘tib kelgan yo‘llari o‘zgartirilmakchi. Iskandarning tepasida, daryoning bo‘g‘zida, sirtmoq solinib, uning kuchi bilan bir qancha azamat elektrik suv stansiyalarini yurgizilmakchi. U stansiyalar yaqin kelajakda buyuk fabrikalarni aylantirib ishga solajak, hozirdan boshlangan kimyo kombinati jumhuriyatning “oq oltin” talalarini o‘g‘it bilan ta’min etajakdir. O‘zbekiston Yozuvchilar soyuzining jumhuriyat qo‘mitasi tomonidan tuzilgan va Gʻayratiy, A.Qodiriy, A.Qahhor, Hamid Olimjon, Elbek, Oppoqova va Cho‘lpon o‘rtoqlardan iborat yozuvchilar brigadasi shu aprel oyining 10-11 lari orasida Chirchiq qurilishiga chiqib, yuqorida aytilganlarning barchasini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib keldilar. Yozuvchilar qurilishning eng muhim joyi bo‘lgan bosh to‘g‘onni (Iskandardan yuqoriroqda) qarish-qarish kezib ko‘rdilar, ularga Dneprda ishlab o‘zini ko‘rsatgan ixtisosli bir ishchi izoh berib, to‘g‘onning qurilishi bilan tanishtirdi. U yerda endi Chirchiqning yo‘li o‘zgarib ulgurgan. Chirchik to‘g‘on uchun joy bo‘shatib, o‘ngroqdan oqmoqda. U yerda eng katta ekskavator shag‘alli zaminni u yoqdan olib, bu yoqqa tashlamoqda, kichkina parovozli poyezd omonat izlar ustida chinqirib yurib tuproq va shag‘allarni tashimoqda. Odamning va ekskavatorlarning kuchi yetmayturgan og‘ir xarsonlarni va baland adirlarni dori (borot – porox) kuchi bilan portlatilmoqda, har kun “gum-gum” ovozlari Iskandarga eshitilib turadi. Komsomol (ilgarigi Qirg‘izbuloq) qishlog‘i yonida birinchi elektr suv stansiyasi solinayotir. U joyni aylanganda brigadaga yosh o‘zbek injeneri o‘rtoq Fayziyev rahbarlik qildi va to‘la ma’lumot berdi. Butun qurilish to‘g‘risida, ayniqsa, bosh to‘g‘on quraturgan uchastka (Iskandar uchastkasi) to‘g‘risida o‘sha uchastka boshlig‘ining o‘rinbosari injener o‘rtoq Niyozov to‘la ma’lumot berdi. Qurilishning yordamchi muassasalari bilan brigadani qurilishning o‘zida chiqaturgan “Chirchiq qurilishi udarnigi” gazetasining xodimlari (ayniqsa, gazetaning muharriri o‘rtoq Saburov) tanishtirdilar. Brigada hozir madaniy bir shahar holiga kelgan Komsomol qishlog‘ini ko‘rdi, sotsshahar bilan tanishdi. Faqat brigada a’zolaridan ko‘pchiligi nashriyotga bog‘liq ishlar bilan shaharga qaytishga majbur bo‘lganlaridan bu kerakli sayohatni yana ham nari surish imkoni bo‘lmadi. Brigada a’zolarining hammasi bir og‘izdan bu buyuk qurilish bilan yakka-yakka bo‘lsa ham doimiy aloqada bo‘lub turishni zarur topdilar. Bundan so‘ng yozuvchi o‘rtoqlar qurilishning gazetasi, tiyotr to‘garagi va boshqa madaniy-oqartish ishlariga yordamlashib turmoqchi bo‘ldilar. Taassufga qarshi, bu safarning birmuncha kamchiliklari ham bo‘ldi. Masalan, qurilishdagi kasaba tashkilotining aybi bilan bu safar brigadaning juda istagan bir narsasi – qurilish udarniklari bilan uchrashuv kechasi bo‘lmay qoldi. Jumhuriyat qo‘mitasi hozir bu kamchilikni to‘latish choralariga kirishdi. Shuni ham aytib o‘tish kerakki, bu safar yaxshi uyushtirilmagan edi, shu uchun brigada ikki bo‘linib chiqdi va ozgina bir masofaga ancha qiynalib (butun kunini yo‘qotib) zo‘rg‘a chiqa oldi. Umuman, transport masalasida bizning jumhuriyat qo‘mitasi biror narsa qila olmagani kabi, qurilish idorasi ham (o‘rtoq Hamidxonov) hech bir yordam ko‘rgazmadi. Brigada u yoqdan-bu yoqqa borishda gazetaning birgina yuk mashinasiga qarab qoldilar. U mashina ham band bo‘lganidan brigadaning vaqtidan yana ham unumliroq foydalanish mumkin bo‘lmadi. Gapning qisqasini aytganda, qurilish ma’muriyati va kasaba tashkiloti brigadani ko‘ngildagidek kutib olmadilar. Brigadaning ishlaridagi butun og‘irlikni o‘rtoq Niyozov bilan gazeta xodimlari ko‘tardilar. Ularning xizmatlarini qayd etmasdan o‘tib bo‘lmaydi. Gazeta to‘g‘risida bir-ikki og‘iz gapirib o‘tish zarur. Ikki gazeta bir binoda. Bino tor, kichik. O‘zbekcha gazeta ixtisosli ishchilar bilan yetarlik butlanmagan, shu orqada kichkinagina bir gazetada kechirilmaslik matbaa xatolari ketadi. Ikki gazetaga bir avtomobil bo‘lganidan ikkala gazeta ham u keng qurilishning hamma uchastkalari bilan doimiy va chaqqon aloqa bog‘lay olmaydi. Gazeta xodimlari doim uchastkadan-uchastkaga o‘tib ishni o‘z joyida kuzatib borishlari kerak. Uni faqat sayyor redaksiyaga ishonib tashlab qo‘yish yaramaydi. Bundan tashqari, tirajlari bir necha mingga yetadigan ikki gazeta uchun birgina “Amerikanka” bo‘lishi ishga ko‘p zarar beradi va ikki gazetaning bir-biridan koyishib turishiga sabab bo‘ladi. Bu ikki muhim gazetaning kamchiliklarini tezlik bilan tugatish lozim. Brigada Qozog‘iston SSRning Bo‘stondiq rayoniga chiqib, yurib Chirchiq bo‘yidagi kolxozlar bilan ham tanishdi. Kolxozchilar bilan qilingan musohabalar ko‘prak… yangi kolxoz ustavi ustida bo‘ldi. Kolxozchilarning so‘zlashlaridagi dadillik va ishonchni o‘zi yangi ustavning buyuk ta’sirini ko‘rsatib turadi. Bu yangi ustav bo‘yicha faqat halol mehnat qilib, shu bilan davlatli bo‘lmoq mumkinligini kolxozchilar qayta-qayta aytadilar. Yangi qishloqda yangi ustavning alomatlari hozirdanoq ko‘rina boshlabdir. Yo‘qolg‘an pyesalar to‘g‘risida Bundan 3-4 yil burun mening tomondan yozilg‘an “Uzunquloq bobo” pyesasi oqqa ko‘chirilmasdan turub yo‘qolg‘an edi. Bu yil o‘sha pyesani to‘rt pardali qilib va yangi usullarg‘a to‘g‘rilab yozib chiqdim. Oldimizdag‘i qish ichi Maskavda o‘zbek dram maktabida tayyorlanib, kelgusi yilda O‘zbekistonda qo‘yilsa kerak. Shuning uchun burung‘i eski pardani sahnaga qo‘ymasliqlarini so‘rayman. Lekin, tarixiy jihatdan mening o‘zimgagina ahamiyati bo‘lg‘an uchun, agar o‘zimga qaytarsalar yana yaxshi bo‘ladir. U pyesadan boshqa sobiq Buxoro Maorif nazorati qo‘lida bo‘lg‘an “Cho‘rining isyoni” nomli pyesam ham yo‘qolg‘an. U ham e’lon tili bilan aytsak “e’tibordan soqitdir”.. Yubiley xotirasi Toshkandning hukumatimiz Rusiya tarafidan zabt qilunganig‘a 15 nchi iyunda 50 yil to‘lmak munosabati bilan vatandoshlarimiz ruslar kabi biz ham yubileyg‘a tayyorlanmakning luzumini, yubileyg‘a xotira bo‘lmak azra millatning eng muhtoj bo‘lgan bir muassasani vujudg‘a chiqarmak teyushli bo‘lganini bayondan so‘ng (Sadoi Turkiston) o‘z tarafindan bir (Madrasai Oliya) ochmakni millatga arz etdi. Va buning uchun ne tariqa ishga boshlamak xususida yo‘l ko‘rsatdi. Mazkur muassasaning millat uchun suv ila non masobasida zarur bo‘lushin shoyad hech kim inkor etmaydir. Faqat odatdagi kabi yozgan narsalarg‘a va ko‘rsatilgan yo‘llarg‘a quruq shohidgina bo‘lub, bu to‘g‘rida ham yalqovlik va g‘aflat ko‘rsatilmasa edi, fursatni o‘tkarmasdan tezroq ishga boshlansa edi. Toshkand taraqqiyparvar ziyoli va matbuotidan millat shuni kutadir. Yunonistonda o‘zgarish Angliya jahongirlarining yashirin maqsadlari uchun bu kun haqiqatan qurbon bo‘lub turg‘an bechora yunon xalqi o‘zini qo‘ydek qurbonliqqa sudrab borayotqanlarg‘a qarshi nihoyat isyon qilg‘an, bosh ko‘targan. Yunon qo‘shunining keyingi ezilishidan keyin yunon xalqida bir darajada norizoliq alomatlari ko‘runa boshlag‘an. Angliya siyosatiga ko‘rlardek itoat qilib ketib Yunonistonni bu kungi fojealarga yo‘luqturg‘an qirol Qo‘nstantinning “yomonlig‘i” va “yaramaslig‘i” to‘g‘risida gap-so‘z boshlanib qolg‘an edi. Hatto bir vaqtlar hozirg‘i qirol hukumatining ochiq va qizg‘in dushmani bo‘lub-da shu kunda “vatan judo” bo‘lung‘an mashhur xayolparast Vanazislosni hukumat rayosatiga chaqirish mas’alasi og‘izg‘a tushub qolg‘an edi. Boshqalarning kuchlik tama’lariga qurbon qiling‘anlig‘ida sira shubha bo‘lmag‘an Yunonistonni bu kungi qiyin va og‘ir vaziyatdan na Vanazilos va na-da Miralay Panatoslarning qutqara olmaslig‘ini yunon bo‘lmag‘anlar ko‘b yaxshi bilsalar ham, lokin, yunonlarning o‘zlari, ayniqsa ularning ortiq “nekbin” bo‘lg‘an yo‘l boshlag‘uvchilari (qaysi guruhdan bo‘lsalar ham) bu haqiqatni yaxshilab tushuna olmaylar, yoki tushunmak istamaylar edi. Shuning uchun, go‘yo har dardga davo bo‘laturg‘an bir kishi kabi Vanazilos janoblari ko‘bgina so‘zlandi va oxirda xalqning g‘azabidan foydalanib, hukumatga qarshi qo‘zg‘alg‘anlar ham, ham shul guruh, ya’ni Vanaziloschilar bo‘ldilar. Teleg‘rom xabarlariga qarag‘anda, qirol Qo‘nstantin tarafdorlaridan general Qo‘nstantino Polos bilan Miralay Sotis qo‘zg‘olonchilarg‘a qarshi qo‘shun kuchi uyushdirmoqqa qarasalar ham, Vanaziloschi unsurlar ularning bu harakatlarining oldini olg‘anlar. Qirol Qo‘nstantin boshda qarshi turushni o‘ylag‘an bo‘lsa ham, kegincha ishning pachavaligini ko‘rub taxtni shahzodaga topshirmoqqa majbur bo‘lg‘an. Mana shuning bilan hozirg‘a mavqeining egalari vanaziloschilar bo‘lub qolg‘anlar. So‘ng teleg‘rom xabarlari qirol Qo‘nstantinning qamoqqa oling‘anlig‘ini bildiralar. Yangi hukumat hay’atining kimlardan iborat ekanligi rasmiy ravishda aniq-ravshan aytilmasa ham, bosh vazir general Pidir, xorijiy ishlar vaziri Karapunos, moliya vaziri Diomida bo‘lur degan ehtimol bordir. Nima bo‘lsa bo‘ldi, Yunonistonda bir qadar o‘zgarish bo‘ldi. Yiqilg‘an istibdod dekaratsiyasi o‘zgala tuzildi. Angliyaning eng sodiq va mut’ye quli bo‘lg‘an qirol Qo‘nstantin hukumati ish boshidan ketib, endi Angliya siyosatiga tarafdor bo‘lmag‘an, lokin, yana ham o‘zining mustaqil bir yo‘li bo‘lmasdan, Fransiya siyosatiga qiyshayaturg‘an vanaziloschilar suv yuziga chiqib qoldilar. Hukumat hay’ati bundan so‘ng, ehtimolkim, shulardan tuzulur. Faqat, Vanazilosning “fransiyachi” bo‘lishi ishni bir oz chatoqqa tushuradir, negakim, Fransiya hukumati shu choqqacha Yunonistonning yaqin Sharqda kengayishiga yo‘l to‘sub keldi. Endi o‘zining ishong‘an vanaziloschilari ish boshig‘a chiqqani bilan siyosatni darhol o‘zgarta olurmi? Albatta yo‘q. Chunki bu yerda mas’ala Vanazilos bilan Qo‘nstantin ustida emas, Angliya bilan Fransiya orasidadir. Qirol Qo‘nstantin va uning tarafdorlari Angliyaning xayrixohlig‘i bilan Yunonistonni kengaytmakchi, faqatgina Turkiya hisobig‘a “Migali Ellas” (Ulug‘ Yunoniston) mafkurasini yuzaga chiqarmoqchi edilar. Holbuki, bu ulug‘ mafkuraning asil muassisi va piri Vanazilos janoblari edi. Istanbulni “Migali Ellas”ga poytaxt yasash xayoli, Vanazilos janoblarining mashru’ haqlari edi. Endi, shu xayol bilan ketib mamlakatni botirg‘an Qo‘nstantin hukumati ag‘darilib, joyig‘a yana shu xayolchilar kelsalar ehtimol. Shuning bilan Yunonistonda, Turkiyada, Trakiya va Istanbul ustida, balki umum Yaqin Sharq mas’alasida qandog‘ o‘zgarishlar bo‘lur? Buni yaqin fursatda ko‘rsak kerak. Yangi hukumat boshig‘a kelgan kishilar kimlar, ularning Yaqin Sharq mas’alasiga qarashlari qandog‘, buni ochiq bila olmadiq. Faqat, Qo‘nstantin hukumatiga qarshi birinchi daf’a qo‘zg‘alon va qo‘zg‘alish maydoniga chiqqan Miralay Gunatasning xalq ismidan hukumatga qo‘yg‘an talablari orasida “Trakiya urush maydonini kuchaytirish” degan bir modda bor. Mana bu narsa mas’alaga bir oz yoruq tushura oladir. Yunonistonda qandayg‘ina hukumat bo‘lmasun, kimgina ish boshig‘a kelmasun, “Ulug‘ Yunoniston” mafkurasi butkul ko‘mulmas. Buning uchun tublik o‘zgarish – miya o‘zgarishi kerakdir. Boshqa millatlarga ham o‘z erklari bilan o‘z tuproqlarida tinch yashamoq huquqini e’tirof qila olaturg‘an hukumat lozimdir. Bunday hukumat hozir Yunonistonda yo‘qdir. Shuning uchun g‘alva va janjallar boshqa shaklda bo‘lsa ham – yana davom etgusidir. Qirol Qo‘nstantin Angliya manfaatiga Yunonistonni ham qurbon qildi. O‘zini ham, endi bilmadikkim, kelaturg‘anlar nima qilurlar? “Migali Ellas” mafkurasi yana ham miyalarda hukm sura berarmi, yoki ortiq har millatning o‘z boshicha tinch va rohat yashash asosiy bir haqiqat holida miyalarga kirarmi? Bu ham yuqorida aytganimizdek, yaqin kelgusida ochilaturg‘an sirlardandir. Zulm emas, marhamat Farg‘ona tuman ijroqo‘m raisi Qodir o‘g‘li Marhamat qishlog‘idan o‘z xotin bola-chaqalarini ko‘chirib kelish uchun Anjan ko‘cha 12-son uyda turuvchi savdo xizmatchilarining ittifoq raisi Tillaboy o‘g‘lini har kun militsiya idorasiga dikanglatib olib borib, bechorani eski shaharga ko‘chib tushib ketishga majbur qildi, – deb shikoyat qiladirlar. Yana kolxozdan uy so‘ralsa bo‘lmasmidi? – deb savol tashlabdirlar. Ma’lum bo‘lsunki, bu ish jabr va zulm qilish yuzasidan bo‘lmasdan hukumat qilish va siylash yuzasidan bo‘lg‘anlig‘i oyinadan ravshandir. Chunki mazkur ulug‘ dargoh sohibi bo‘lg‘an ijroqo‘m raisi mazkur Tillaboy o‘g‘lig‘a oshnachiliq va hurmat yuzasidan qaramag‘an bo‘lsa edi; komxoz yoki boshqa odamlarg‘a murojaat qilib uyini so‘rar edi; bunday katta odamlar uyingni kuydirib yuborsa ham g‘ing demasdan sabr qilib ketaber! Ul zotdan u ishlarning sodir bo‘lishi ayni marhamatdir, ey kallavaram. «Abo Muslim» 13 dekabrda «Turon» qishliq binosida ulug‘ adibimiz Fitratning 5 parda 7 ko‘runushlik «Abo Muslim Xurosoniy» nomliq tomoshasi o‘ynaldi. Tomosha — aralashquchu qahramonlarning ko‘bligi ham tarixning eng chuvalashqon davridan olinib yozilg‘oni uchun tomoshaning so‘ngiga uning natijasini to‘la ko‘rvataturg‘on bir ko‘runush ortdirilg‘on. Bu ko‘runush xiyla muvaffaqiyatlik tuzulgan. Ayniqsa, Marv begi qizining bir to‘da «yovvoyi» kishilar orasida qolg‘on chog‘idagi shoshqinlig‘i, odam bolalarining axloq vajidan qanday quyi darajalarga tushganligi to‘g‘risida xalqqa qaratib qilg‘on xitoblari ham ul kishilarning har birini bitta-bitta ta’rif qilishi juda o‘tkurdir. Umuman tomoshada Fitratga xos so‘z ustalig‘i xiyla kuchlik. Bu jihatdan tomosha katta bir adabiy ahamiyatga molikdir. Endi o‘ynag‘uchilarg‘a kelsak, Abo Muslim ro‘lida Abror tomoshaniig boshdan-oyog‘ig‘acha bir tekis olib bora olmadi. Ochibroq aytganda, biz islomiyat tarixida juda ulug‘ dovruqlarg‘a sabab bo‘lg‘on temir vujudlik, po‘lat irodalik, mudhish Abo Muslimni ko‘ra olmadiq. Abror epchil artisimizdir, shu tilagimizni bu safar bo‘lmasa, boshqa bir safar bera olishig‘a ishonamiz. Oxirgi ko‘runishda abbosiylarning birinchi xalifasi ro‘lini Sayfi qori juda yumshoq o‘ynadi. Ayniqsa, Abo Muslim bilan Marv begi qizining o‘lishlari chog‘ida, karomatchi shayx choponi ostidan hovarjlarning josusi Zahhok chiqib kelgan vaqtda, o‘zining katta va tuzalmas xatolarini anglag‘on damlarda shu qadar kam harakat edikim, sira qo‘ya qoling! Sayfi qorining ampulasi (o‘ynayturg‘on o‘yunlari) belgulikdir. Rejissur shuni ko‘zda tutub uni g‘oyat jiddiy bo‘lg‘on shu xil ro‘llarga chiqarmaslig‘i kerak. Bizning Turkistonda «dog‘uli ayyor» deb nom chiqarg‘on Zahhok ro‘lida Uyg‘ur boshdan-oyoq yaxshi. Ko‘zga ilinar-ilinmas sustlik va ruhsizligini sanamasak, Marv begining qizi Gulnor ro‘lida Mas’uma xonim yaxshi. Abo Muslimning vaziri Xolid ro‘lida O‘ktam, Marv begi ro‘lida (avvallarda Sayfi qori) Amir Ali ro‘lida Shokir, Yazid ro‘lida Olim, Gulnorning enagasi ro‘lida (Robiya Tutash tekis o‘ynaydilar. Narsiyor ro‘lida chiqqan Bosit bilan Yazid ro‘lidagi Olimning yuksak ruh bilan vaziyat va ahvolg‘a yondashtirib o‘ynashlarini aytib o‘tmak kerak. Boshqa kichkina vazifalar ham durust bajarildi. Umuman aytganda, bu asarning bu safargi o‘ynalishini juda tekis va zavqli o‘yunlardan bo‘ldi desak, sira yanglishmag‘on bo‘lamiz. Bizning qashshoq va esdan chiqib ketgan sahnamizga xos bo‘lg‘on kamchiliklar (jihoz, dekaratsiya va kiyimlar kamligi), albatta bu yo‘la ham bor edi. Bunlarning to‘ldirilishi, tugallanishi — Marv begining bir savoliga qarshi Zahhokning bergan javobidek: «Teva qafasga kirganda bo‘laturg‘onga o‘xshaydir…» Xalq zich, to‘la edi. «Xalq teatrga yurmaydi» degan gap to‘g‘ri emas, xalq yuradir. Lokin, teatr-tomosha ismida bo‘laturg‘on qurchoq o‘yunlarig‘a, o‘z ruhiga yot bo‘lg‘on unga anglashilmayturg‘on tarjimalik «g‘arbiy» asarlarga yurmasa haqi bordir. Yo‘q esa o‘zini qiziqtiraturg‘on zaminlarda yozilg‘on va yaxshi o‘ynalaturg‘on tomoshalarga xalq yuradir. Bu hol so‘ng vaqtda juda ochuq ko‘ruldi. Xalqning ruhini yaxshi tushunib olg‘on Davlat truppasi endi xalq ruhiga yaqin bo‘lg‘on narsalarni ko‘prak ko‘ymoq uchun harakat qila boshlamishdir. Hozir truppa tomonidan Xurshid o‘rtoq qalami bilan tomosha holig‘a soling‘on mashhur «Farhod va Shirin» afsonasi tayyorlanmoqdadir. Ikkinchi tomondan sahnamizning o‘zini tuzatishga xam jiddiy harakatlar ko‘rula boshladi. Sirdaryo muzofot firqa qo‘mitasining mas’ul sarkotibi o‘rtoq Abdulhay Toji bilan Eski shahar ijroqo‘mining muvaqqat raisi Mannon Ramz o‘rtoqlar markazning birdan-bir san’at markazi bo‘lg‘on «Turon» binosi va Davlat truppasini yaxshi yo‘lga qo‘ymoq ishini bir necha havaslik kishilarga topshurib pullik yordam va’da qilg‘onlar. «Bir kunlik xalifa» “Farg‘ona”ning yaqindag‘i sonlaridan birida shaharning eng ishli yigitlaridan o‘rtoq Xolbotir o‘g‘lining maorif nazoratiga qo‘yulg‘anlig‘ini yozg‘an va undan so‘nuk maorifimiz uchun ko‘b narsa umid qiling‘anlig‘ini bildirgan edim. O‘rtoq Xolbotir o‘g‘li maorifda bir hafta, o‘n kunga yetib ishlamasdan dam olg‘ani chiqib ketdi. U o‘n kunning ham ko‘pi ijroqo‘mda muovinlik qilib o‘tdi. Demak, o‘rtoq Xolbotir o‘g‘li maorifda bir kun-yarim kun zo‘rg‘a ishladi. Men muni maorifga sust qarash deb anglayman. Na ajib tasodifdurkim, mundan 2-3 yil burun ham o‘rtoq Xolbotir o‘g‘li maorifga bir martaba qo‘yilg‘an, lekin, bir-ikki kun ish qilmay turub “yaramadim, kasalman” degan sabablar bilan undan chiqib… iqtisodiy ishga kirib ishlab ketgan edi. O‘rtoq Xolbotir o‘g‘li o‘zi: “Men maorif kishisi emasman, bilmayman” deydir. Lekin sho‘rolar hukumati yuzaga chiqqandan beri shuncha maorif shoʻbalaridan qaysi birisiga bir prafessor, bir pedag‘og‘ kelib o‘tirdi? Yo‘q, hammasiga ham Xolbotir o‘g‘liga o‘xshash idora qila oladurg‘an kishilar kirib, uning-buning yordami bilan ishlab ketdi va yaxshi natijalar ham ko‘rildi. Hozir o‘rtoq Xolbotir o‘g‘lining o‘rniga tajribalik maorif ishchilaridan o‘rtoq Hamid Qozi o‘g‘li qo‘yuldi. Bu ham yaxshi. Lekin, maorifga bir kirgan kishi uzoq ishlab, ozmi-ko‘bmi bir xizmat ko‘rsatib ketsa, orqasida yaxshi nom, foydalik izi qolur edi. «Chin sevish» Yaqinda o‘zbek sahnasi ulug‘ va ulug‘ligi qadar yuksak va go‘zal bir tomosha (piyesa) ko‘rdi. Men o‘zum iqror qilarg‘a teyishmankim, uning o‘zini va o‘ynalishini tegishincha tanqid va yo taqriz qiluvni men bajara olmayman. Biroq bu yo‘li va to‘g‘rida yozmoqlik vazifasi menga tushkanlikdan ko‘b chuqur bo‘lmag‘on qarashimni yozib ketamen. Voqea Hindistondadir. Hindiston o‘zgarishchilaridan bo‘lg‘on Karimbaxshxonning o‘qimishli va go‘zal qizi Zulayhog‘a ikki kishi birdan oshiqdir: biri o‘zgarishchi, yurtchi shoir Nuritdinxon. Ikkinchisi — egri yurakli, anglizparast — Rahmatullaxon. Qizning otasi o‘zgarishchi va hindning buyuk shoiri bo‘lg‘an Nuriddinni suyar va qizini unga bermak istar; qizning onasi esa, o‘ydan, armondan ko‘ra kiyim va qiyofatka ko‘z solg‘onlig‘idan yomon kiyinguvchi va darvesh kabi yurguvchi Nuriddinga emas, yaxshi kiyinuvchi va soddalarni alday oluvchi Rahmatullaxong‘a bermakchi. Qizning o‘zida Nuriddinni sevar. Nuriddin qizni «chin sevish» bilan suyganligidan qizga hurmat qilib, «suydim» deb ayta olmaydir. Rahmatullaxon esa undan ilgari ham bir necha yosh qizlarning boshig‘a yetkanligidan muni qo‘lg‘a tushiruvg‘a ham qo‘lidan kelganni qiladir: qizning onasi bilan siyqa munosabatda bo‘linadir. Nuriddin bor vaqtda qizning ko‘nmasligini bilib Nuriddinni oradan ko‘tarmak istab, yolg‘on bir tuhmat bilan angliz qamog‘iga oldiradir. Undada bo‘lmag‘och, o‘ldirmak uchun odam yollab zindong‘a yuboradir. U odam zindong‘a kirib Nuriddinning ichaturg‘on suviga og‘u solsa ham, Nuriddin Zulayxoning xayollari bilan o‘ralashnb, ichmay qoladir. Hind o‘zgarish qo‘mitasi zindonchi bilan kelishib Nuriddinni qutqaradir va Karimbaxshxonning uyida yashirin bir joyga joylaydir. U yerga joylang‘och, Nuriddin bilan Zulayhoning orasi «vasilat» joyig‘a yetadur. Go‘zal-go‘zal shoirona so‘zlar bilan ikkalasi har vaqt so‘ylashalar. Bir kun bunlar bir necha kishi (ichlarida Zulayho ham) «O‘zgarish qo‘mitasi»ning majlisini ko‘rub, Hindistonning har yerida anglizlarga qarshi yalpi qo‘zg‘alish yasov to‘g‘risida so‘ylashib turg‘onlarida Rahmatullaxon boshliq anglizlar po‘lisalari kelib bosalar. Kuchli olishmadan so‘ng birmuncha angliz po‘lisalari bilan birga Zulayhodan boshqa hamma o‘zgarishchilar o‘ladir: Zulayhoni olib ketalar. Angliz po‘lisalari Zulayhoni tutmoq istarkan, Rahmatullaxon: «teymangiz, u menim suygilimdir» degach, anglizlar «qo‘mitachimi sening suygiling» deb o‘zini ham otib o‘ldiralar. Bu ulug‘ tomoshaning eng og‘ir vazifalari ikki kishida edikim, biri Zulayho, biri — Nuriddin. Undan qadar kuchli bo‘lg‘on Rahmatullaxon vazifasi, asosan unlarcha og‘ir emasdir. Boya aytganimday Nuriddin «chin sevish»ga yetkan bir oshiqdir va shuning uchun u xayollidir, Mashrabdir, Devonadir. Zulayhoni u ne qadar suygani holda, «suydim» deb ko‘b chog‘larg‘acha ayta olmag‘on. Yolg‘iz yiroqdan «esonmisiz?» degan, suyuklisi ham «esonmisiz?» desa chiday olmag‘on. Qochqon. Bekinib-bekinib yig‘lag‘on. Ho‘ngragan». O‘zi suyib, kuyib yotqoni holda, o‘zi zo‘r bir dardga aylang‘on holda, «ishq dard emas, davodir», deydir va har yerda shuni aytadir. Bu rolni atoqli o‘xshatg‘uvchimiz Uyg‘ur muni yaxshi o‘ynadi. Ayniqsa, uchinchi pardada ko‘rsatkan qilig‘lari to‘g‘ri va joyli edilar. To‘g‘risini aytmoq kerak bo‘lsa, 4 nchi pardada Nuriddin ro‘li yetarli chiqmadi: allaqanday ko‘zga yarashmagan va oddiy qilig‘lar ko‘rildi. Munda ko‘proq ayb bizning sahnamizning kambag‘alligiga tushadir. Negakim, o‘zining amplulasi botir — qahramon ro‘llari va o‘tkur kulgi bo‘lg‘on Uyg‘ur sevgiga, sevgidan qiynala biluvg‘a yumshoqdir. Biroq sevguvchi faylasuf tabiatli ishlarni 3 nchi pardada yaxshi ko‘rsatub edi. Zulayho ham yaxshi: biroq unga ko‘broq sevgi harakati bermoq kerak edi. Tushunuv, uzoq vaqt so‘zsiz tushunuv (birinchi pardada) to‘g‘ri va tabiiy emasdir. U narsa Nuriddinga kelishar. Uni o‘ynovchi Sa’diya Tutashg‘a bundan ham og‘irroq (agar bo‘lsa!) va ko‘b harakatli rollar berib, uning o‘xshatuvchilik kuchini ortdirmak kerakdir. Undan keyingi Rahmatullaxon rolini o‘rtoq Qori yaxshi o‘ynadi va to‘lug‘ bir tip (tus) bera bildi. Boshqa qahramonlarda ham bo‘lg‘on mayda kamchiliklarni aytuv ortiqcha. U birinchi pardada yumshoqroq edi. Shoirona aytmak istagan so‘zlarini tegishincha ta’sirlik qilib ayta olmadi. Ikkinchi pardada uning qilig‘lari ko‘b go‘zal edi. Ayniqsa, qizning otasidan bitik kelgach chiqib ketib, qaytib kirishlari — bu o‘xshatuvchini to‘lug‘ tip berganlar orasig‘a kiritadir. O‘zgarishchi Sarvar bilan Nuriddinning og‘asi chin o‘qimishli yosh yigitlar tusini to‘lug‘ bera olurlar edi, agarda bir oz og‘ir va shoshilmay qimirlasalar. Nuriddinni qamatdirg‘on va o‘ldirmakka yurgan yigit to‘g‘risi, u qadar xoin toifali emas edi. Qizning otasi (O‘ktam) zo‘r bir oila egasi. Muning ustiga, yuqori fikrli yurt bolalarini o‘z o‘g‘li kabi ko‘ra bilaturg‘on o‘zgarishchi bir muhtaram ota tusini ko‘rsatdi. Rahmatullaxonning o‘rtoqlaridan Ayubxonning ro‘lini olg‘on o‘rtoq O. juda bo‘sh va yanglish chiqardi. Ayniqsa rolini bilmasligi na zo‘r kamchilik! Boshqalar ko‘makchi bo‘lushub, tekkiz o‘ynadilar. Po‘lisalar tapponchani o‘z boshliqlarig‘a do‘laydilar; bu eng zo‘r e’tiborsizliklarning biri. Sahna orqasidan otiluvlar o‘z vaqtida chiqmadi va shuning natijasida Rahmatullaxon o‘q tegmasdanoq o‘la berdi. Umuman, so‘ng pardada ruhli bo‘lishka tegish ekan, ruhsiz chiqdi. O‘zbek sahnasi yoshdir. Uning uchun munday zo‘r narsalar balki og‘ir bo‘lur edi. Shunday bo‘la turib «Karl Marks» to‘dasi o‘rtoq Uyg‘urning tinmasligi va berilishligi orqasida zo‘r narsalarni ham sahnaga chiqara va yaxshi muvaffaq bo‘ladir. Asar to‘g‘risida fikr yurituvdan qochmoqqa va o‘zimni tortishg‘a majburman. Negakim — shu yozilg‘onlardan ortig‘i menim uchun ortiqdir. «Karl Marks» bu asarni tag‘in 1—2 marotaba takrorlarg‘a kerakdir. Xalq, tomoshachi xalqimiz buyuk armonli, sof adabiy narsalarga ham tushunib keladir. Bu o‘zbek sahnasining zo‘r yengishi, mundan foydalanuv kerak. Endi bu bir qo‘yilib o‘tkan va qo‘shilib, butunlanib bosdirilg‘on o‘rtoq G‘ozi Yunusning «Zahhoki moron»ini kurishga tilaymiz. Bu asarning qo‘yilg‘anig‘a ko‘b bo‘ldi. Xalq sog‘ing‘ondir. Shuningdek, zo‘r narsalar yana yozilib turalar shekilli, «Chin sevish»ning yozg‘uvchisi uning davomi deyilsa bo‘laturg‘on «Hind ixtiloli»ni yozib bitirgan. Yana boshqa kishilarda boshqa narsalar ham bor emish. Sahnamiz jonlana, yuksala. Biroq Eski shahar xalqining boshida turg‘onlar qishliq yaxshi bir binoni qayg‘urtmasalar, chindan jinoyat qilg‘on bo‘lurlar… «Iblis» Ushbu mart oyining yettinchisida chorshanba kuni o‘zbek dram to‘dasi tomonidan qishloq «Turon»da Qofqosiya turklarining atoqli adib va shoirlari Xusayin Jovidning to‘rt pardalik «Iblis» fojiasi o‘ynaldi. O‘rtoq Xurshid qalami bilan o‘zbekchalashtirilgan bu asar bayt oralash yozilg‘on adabiy, ishqiy va harbiy bir tomoshadir. Bu asarda yigirmanchi madaniyat asrida yashag‘on odam bolalarining qo‘llaridag‘i bilim va hunarni qon to‘kish, odam o‘ldirish, xonumon buzish kabi egri va yomon ishlarga sarf etib, yomonliq va yaramaslikda Iblis(satana)dan ham o‘tib ketganliklari ko‘rsatiladur. Butun yomonliqlarning tub omili deb yurgazilaturg‘on Iblis bu asarda, «odam bolalarining yomonliqlarini ko‘rub sharmanda bo‘lub qolg‘onlig‘ini» bildiradir. Asarning asl o‘zi shundaymi yoki, qo‘l bilan necha marotaba ko‘chirilib yozilg‘on nusxadan o‘zbekchalashdirilib, «sho‘rbasining, sho‘rbasi» bo‘lub qolg‘onlig‘idanmi, bilmadim, asarda darrov sezilaturg‘on bir qarshilik (zidlik —protivopolojnost) bor. Yuqorida aytganimdek, «yomonliqda odam bolalari mendan o‘tdilar» deb da’vo qilg‘on Iblis asarda boshdan-oyoq yomonliqni o‘zi qiladir. O‘zi haqiqiy omil shaklida ko‘riladur. Odam bolalarining yomonliqlaridan to‘yg‘on va shul sabablik, ular orasidan qochib o‘rmonlarga ketgan Orif qisman o‘shal iblisning hiylasiga aldanib, katta jinoyatlar qiladur. Ya’ni: uni sevguvchi bir gunohsiz qiz (Xovar) ning zahar ichib o‘lmakiga sabab bo‘ladir. Oxirda kelib o‘zi suyib yurgan bir qiz uchun o‘z ukasi (Vasf) ni otib o‘ldiradur. 1925 va 16 nchi yillarda bo‘lg‘on mashhur Chanoq qal’a urushini xayol bilan ko‘rgan chog‘ida (birinchi parda), odam bolalariga va ularni yo‘ldan urg‘uvchi Iblisga shu qadar la’nat yog‘diradurkim, sira qo‘ya qoling! Birinchi pardada shu holda bo‘lg‘on va undan so‘nggi pardalarda ham odamlarning yovvoyiligidan shikoyat qilg‘on ham Iblisni qarg‘ag‘on Orif 3 nchi pardada Iblisning qo‘lini o‘padur, uni bir pir, bir karomat egasi, bir Xizr deb e’tiqod qiladur. Durust, ul pardada Orif Iblisni odam qiyofatida ko‘rgan, tanimag‘on edi, lokin odam bolalari uchun Iblisdan hama vaqt xavf-xatar borlig‘ini yaxshi tushunaturg‘on edi. Piyesaning so‘nggi pardasida Onato‘lidag‘i turk isyonchilardan bir kishi (Elxon) ko‘rsatiladir. Bu isyonchi Onato‘lida ittifoqchilarg‘a qarshi ingliz josuslarini fransuz ayg‘oqchilarini, xiyonatchi (sotilg‘on) arab va turklarni ko‘b surushturub o‘lturmasdan, marhamatsiz otib o‘ldiradur, adolatdan juda yuksak so‘zlar bilan oh aytadur. Ammo o‘zi jahongirlarga qarshi Onato‘lida bosh ko‘targanlarga (kamolchilarga) qarshidur. «Ehtimol, qishloq xalqi va ishchi omma manfaatini kuzatadurg‘on kishidur», demoqchi bo‘lsak, u eski poshsholarning biridur. Uning so‘zlarida haligi to‘g‘rida imo-ishorat yo‘q. Ehtimolkim, bu narsa piyesaning «sho‘rbaning sho‘rbasi» bo‘lg‘onlig‘idan kelgan bo‘lsa. O‘ynalish jihatiga kelsak: Sahnaga kirish-chiqish, so‘zlarni vaqtida aytish, fonarlarning yonish-o‘chishlarida ko‘rulgan birmuncha kamchiliklarni sanamasak, umuman tekis va zararsizdir. Iblis ro‘lida Abror, Orif ro‘lida Uyg‘ur, ibn Yamin (xoin arab) ro‘lida Sayfi yaxshi edilar. Qizlarning ikkovi ham (Ra’no, Xovar) zararsiz o‘ynadilar. Bunlarda faqat yumshoqlik, bo‘shlik bor edi. Boshqalar ham tekis olib bordilar. Xalq to‘la, unum yaxshi edi: hatto joy bo‘lmasdan qaytib ketganlar ham ko‘b bo‘lg‘on. Shu yerda kichkinagina bir narsa yozib o‘tishni kerak bildim. Bu tomoshaga «yoshlar» deb atalg‘on «millatparvar»larning ham ko‘blari kelgan edilar. Hatto yangi shahar teatrlaridan sira qolmayturg‘on ba’zi bir «ortiq madaniy» yoshlarimiz ham shu tomoshada bor edilar… Demak, bular ham bu yo‘li o‘z sahnalariga qiziqqanlar ekan… ko‘z tegmasin! «Istirohat mustamlakasi» O‘sh shahrida sobiq O‘sh hokimining shahar chekkasidagi go‘zal bog‘ida muzofot ijtimoiy ehtiyot idorasi (sos. strax) tomonidan firqa va sho‘ro ishchilari uchun bir «istirohat uyi» (dom otdix) ochilg‘an. Istirohat uyining joyi, binosi, ovqati yaxshi: tibbiy jihati ham tuzuk. Aslida 90 kishilik qilib ochilg‘an ekan, iyul oyi o‘rtalarida 85 kishi bo‘lg‘an. Bulardan tubjoy xalq ishchilari 7–8 ta, qolg‘anlari hammasi ovrupoliqlar. Bu ovro‘poliqlar orasida kon ishchilari qo‘proq bo‘lsa hamyaxshi edi, lekin umuman ishmi xalqi juda oz, ko‘pchilik: muzofot yuqori muassasalarining xizmatkorlari va ularning «xonadon»lari. Xotun, bola-chaqa, xizmatkor kampir va shundaylar. 15–16 yoshliq bolalar ham ko‘b. Istirohatga kelganlar uchun qiroatxona-kutubxona ochish ishiga ham birmuncha pul chiqarilg‘an bo‘lsa kerak, ovrupoliqlar uchun bir javon kitob bor, bir necha gazeta kelib turadur. Tubjoy xalq uchun, doriliqqa bo‘lsun, bitta gazeta yo‘q… Bu – «istirohat uyi» emas, to‘g‘risi «istirohat mustamlakasi»ga o‘xshaydur. Muzofot firqaqo‘mining mas’ul sarkotibi Karim o‘g‘li bilan muzofot ijroqo‘m raisi Ali Xo‘ja o‘g‘li o‘rtoqlar shu hollarni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rub ketdilar. Albatta, sho‘rolar mamlakatida bu xilda yomon ahvolg‘a yo‘l qo‘ymaslar, deb ishonamen. «Jo‘rj Dandin» Dushanba kuni 7 iyunda Ozarbayjon tiyotr maktabidagi talabalarimiz taniqli Molyerning shu nomdag‘i asarini o‘ynadilar. Yolg‘iz fransiyalilarninggina emas, balki butun dunyoning taniqli kulgi yozg‘uvchisi bo‘lg‘on Molyer shu bilan bizning sahnamizda ikkinchi daf’a ko‘rinadi. Uning «Xasis» degan asari, Maskov tiyotr maktabimiz tomonidan bultur va uzoq yillari bir martadan o‘ynalib o‘tgai edi. Bu safar qo‘yilg‘on asarni yanglish tanlang‘on deya olmaymiz. Muni tanlash bilan bokuli talabalarimiz yaxshi ish qilg‘onlar. Asar, eng yalgari, bitta-yarimta akto‘rni o‘sdirishga, tarbiya qilishg‘a yaraydi. So‘ngra uning qo‘yilishida ham o‘rta asrlarning qiziq va g‘alati tarz (stil) lari bor. Masalan: parda hamma vaqt ochiq turadi. Uyunning boshlanish va tugashini xodimlar e’lon qiladi. O‘yunning bir qismi tomoshachilar orasida o‘ynaladi. Asarda u vaqt yozg‘uvchilarig‘a qonunday bo‘lib qolg‘on ba’zi-bir asoslar kuzatiladi, ya’ni: uchala parda ham bir joyda, bir ko‘rinishda ketadi (joy birligi); voqea bir kecha-kunduz orasida bo‘lub o‘tadi (vaqt birligi); har kim o‘z jupi bilan chiqadi va boshqa-boshqalar. O‘rta asr tiyotr tarzida yozilg‘oni uchun, bu asar, o‘zida bizning o‘zbek tomoshachilarig‘a ancha yaqinliq, nuqtalari topa olar edi. Bu jihatni, hech bo‘lmag‘onda tajriba yo‘li bilan bo‘lsa ham tatbiq qilib ko‘rilganda, bizning el o‘yunlari asosiga yaqin nuqtalarini ishirib qovartirib ko‘rsatilganda, yaxshi samara berar edi, balki… Lekin, tomoshaning eng zaif nuqtasi ham taasufga qarshi, shu «qo‘yilish»dadir. Gapning ochig‘ini aytganda, bizning maorif komissarligimiz o‘z vaqtida yaxshiroq bir rejisso‘r uchun kerak bo‘lg‘on mablag‘ni bermagan, bersa ham oz bergan, yaxshi rejisso‘r kelmagan, kelgani bo‘lsa berilib ishlamagan… Uzun so‘zning qisqasi «qo‘yilish» jihati ko‘b zaif chiqqan. Yigitlarimiz va qizlarimiz chinakam tirishib o‘ynaydilar. Mumkin qadar to‘la ta’sir berish uchun jonbozliq qiladilar. Shunday bo‘lsa ham, ta’sirning mazasi uncha bo‘lmaydi. Kerakli joylarda talvasa (hayajon) yetmaydi. Balki, chiqmay qoladi. O‘yun yog‘idan juda qiymatli, oltin fursatlar sezilmay o‘tub ketadi. O‘zingiz o‘ylang axir: Karimjon, bizning eng kuchli kuldirguchilarimizdan biri u kulgida ro‘lning ruhiga kiradi, hato ortdirib yuboradi. Shunday bir erkin kuldirgichga, kulgidan ko‘ra ko‘brak fojiasi bor bir ro‘lni berganlar. Shu uchun uning fojiali so‘zlari ham, kulgili so‘zlari ham bo‘sh, talvasasiz, ishonchsiz (neubiditelnыy) chiqadi, tomoshachi kulgan bo‘lsa Karim qiziqning gapiga emas,—Molyer adibning lutflariga, tazodlarig‘a, usta gaplariga kuladi; u kulishlar, piyesani to‘ppa-to‘g‘ri o‘qib berilgan vaqtda ham bo‘lmog‘i mumkin. Karimga shu ro‘lning yanglish berilgani, butun asarga ta’sir qildi, chunki, asarning jon nuqtasi o‘sha ro‘lda, asar ismi ham o‘shaning ismida. «Dandin» odam bolalari orasida ko‘b uchrayturg‘on irodasi zaif (slabovolnыy), bo‘shang, landavur kishilarning biridir. Asar, o‘shaning tiriklikdagi fojiasini ko‘rsatadi, ham juda to‘la ko‘rsatadi. Uning kulgili so‘zlari ham ko‘z yoshlari orasidan aytilmagi kerak; ko‘z yoshlari samimiy bo‘lsa, akto‘r ro‘lning ruhiga kirsa, ko‘z yoshlari orasidan tomib ketgan yeng‘il kulgi so‘zlari ham tomoshachini kuldira beradi. Kuldirganda ham talvasa, iztirob bilan kuldiradikim, asl maziyat shunda. Kuldirguchi va qiziq Karimjonimiz fojia niqobida chiqqach, albatta uning borlig‘i, asl javhari ochilmadi: shu uchun butun asarda mavjud bo‘lg‘on asllik ko‘rilmadi. Sahnaning o‘z kamchiliklari ko‘b, muni narkompiro‘sning qulog‘iga shipshitamiz. So‘ngra eng oxirda bir narsani aytib o‘tayin: bu asarni mundan so‘ng qo‘yg‘on vaqtda, uchta qora bolaning «o‘yun boshlanadi» sini birga tushurish kerak. Ortiqchasi zeriktiradi ham sovuq chiqadi. «Kovai ohangar» 16 yanvarda qishloq «Turon» sahnasida Eron asotiridan olib yozilg‘on «Kovai ohangar» piyesasini tomosha qildiq. Usmonli turklarning ulug‘ adiblaridan mashhur Shamsiddin Samibekning bu atoqli piyesasi Toshkent o‘zbek sahnasida birinchi marotaba jonlanadir. Bu asarga Davlat truppasi xiyla katta ahamiyat berib, yaxshi hozirlik ko‘rgan: asarning o‘zi uchun maxsus dekoratsiya ishlangan. Usmonlichadan o‘zbekchaga ag‘darish vazifasini ham truppaning rejissuri Uyg‘ur o‘rtoq o‘zi o‘taganligidan asarning «sahnalanishi» xiyla tuzalgan. Yo‘q esa muharrirning o‘zi asarning bu jihatiga («sahnalanish» jihatiga) ko‘bda ahamiyat bera olg‘on emas. Holbuki sahna uchun yozilaturg‘on asarlarning muvaffaqiyatsiz chiqishiga aksar vaqt shu «sahnabob berolmaslik» sabab bo‘ladir. Bu asar o‘ynalg‘onda Davlat truppasi hay’atida yangi, umidli kuchlarning ortmag‘onlig‘i ko‘ruldi. Balki, aksicha, bazi bir epchil artistlar bir-ikki yildan beri sahnadan uzoqda yuradilar. Ularni qaytadan sahnaga jalb etmakka barchag‘a barobar bo‘lg‘on pul tangligi va uning orqasida kelgan ta’minotsizlik balosi mone’ bo‘lub turg‘onga o‘xshaydir. Yo‘q esa truppaning burung‘i kuchlari barchasi o‘z safida bo‘lsa, va buning ustiga yana yangi kuchlar qo‘shilg‘on bo‘lsa, ko‘b kuch qatnashib o‘ynalaturg‘on bu asar yana ham tantanaliroq, yana ham to‘laroq chiqqon bo‘lur edi. Qandoq qilaylikki, o‘lkamizning birdan bir san’at xazinasi zo‘r g‘ayrat, katta fidokorliklar bilan zo‘rg‘a-zo‘rg‘a sudralib kelmakdadir… Truppaning umumiy hay’ati (sostavi) bir qadar to‘la bo‘lmasa ham, epchil kishilarining ko‘pligi, ikkinchi bir ta’bir bilan aytsak bir qadar kuchlarning saralangan, talang‘on o‘tkur san’atkorlardan iborat bo‘lishi yog‘idan truppa juda jiddiy, juda kengdir. Buni biz «Kovai ohangar»da yaxshi ko‘rdik. Odam ozlig‘i, dabdaba kamligini kuchlarning yaxshiligi, sahna va dekoratsiyaning to‘lalig‘i butkul yuvub ketdi desak mumkin. Bu xususdagi kamchilik ancha-muncha qarashqa ro‘y bermaydir. Yozilmog‘i tegish bo‘lg‘on shu muqaddimalardan so‘ng endi piyesaning o‘ynalishi yog‘iga kelaylik. Piyesaning eng zo‘r qahramoni bo‘lubda birinchi, ikkinchi va to‘rtinchi pardalarda har dam, har nafasda yangi-yangi falokatlar ko‘raturg‘on har daqiqada necha rangga, necha holat va ruhiyaga tilmoch bo‘laturg‘on Farhod ro‘lida Sayfi qori bo‘sh edi. U kungi Farhodda biz ruhiy holatlarning daqiqa-daqiqada o‘zgarishini, yangi voqea va hodisalar og‘ir falokat va balolar qarshisidag‘i ko‘rub o‘tish (perejivaniye) larning eng ozini ham ko‘rmadik. Yana buning ustiga «yoshim saksonga yetdi» degan cholning afti basharasi va harakatlari ko‘brak yoshlarcha bo‘lub o‘tdi… Sayfi qori umidlik artistlarimizdan biridir, keyincha bunday xatolarni takrorlanmasligiga ishonamiz. ..Piyesaning katta qahramonlaridan biri bo‘lg‘on va «fir’avnlashgan» Zahhok ro‘lida Uyg‘ur durust edi.. Zaxhok g‘oyat zolim va mustabid deb ko‘rsatilgani uchuk ham uning «fir’avnlashgan»ligi asosiga tayanib Uyg‘ur ul ro‘lni juda qattiq o‘ynadi va shuning bilan — bizning fikrimizcha — biroz ortdirib yubordi. Avval Parvez bo‘lub, so‘ng Faridunga aylanaturg‘on yosh yigit ro‘lida Shokir yaxshi. Lokin bu yigit o‘yunni boshdan-oyoq bir tovush (ton) bilan olib boradir. Piyesaning asl, tub qahramoni bo‘lg‘on isyonchi (Qova) ro‘lida Abror yaxshi. Zahhokning qizi Xo‘bchehra ro‘lida Ma’suma xonim durust bo‘lsa ham uni bir podshoh qizi yoki to‘g‘risi, bir qiz qilib ko‘rsata olmaydi. Aksincha uning onasi (murabbiyasi) ro‘lidagi Ma’rifa undan ko‘ra ko‘prak jikkilab, ko‘prak jonlandi. Qolg‘onlardan: Pahlavon Qahshon ro‘lida Bosit, rohib ro‘lida Muzaffar, ta’birchi ro‘lida O‘ktam, Kova xotuni ro‘lida Robiya tekis olib bordilar. Bizning sahna o‘yunlarimizda bir necha kamchiligimiz borkim, unlar shu «Kova»da ayniqsa ko‘prak ko‘zga ilindilar: birinchi — bizda tuzanish (grim)ga ko‘b ahamiyat berilmaydir. Tuzanishni shoshilib yasaylar-da, so‘ngra sun’iy sochlar ostidan haqiqiy sochlar — ko‘b vaqt — «mana men» deb ko‘runub qo‘yadirlar. Ikkinchi — bizning artist va artiskalarimiz (Uyg‘urdan boshqasi) yashirin tovush chiqarishqa o‘rgana olmaylar. Ular birovning qulog‘iga bir narsa aytsalar tomoshachilar eshita olmaydilar, tomoshachilarga eshitdirilsa maxfiy, sirlik bo‘lishdan chiqib ketadir. Holbuki, ikkovining o‘rtasida bir yo‘l bor, uni boshqa xalqlarning sahnalarida yaxshi biladirlar. Uchinchi — bizning artist va artiskalarimiz (ayniqsa keyingilar)ning ko‘blari arabiy va forsiy so‘zlarni ko‘b yanglish gapiralar. Tarixiy piyesalarda; ayniqsa, sharq tillaridan tarjima qiling‘on asarlarda bu juda ko‘b bo‘ladir. Buni bitirmak kerak. Umuman olg‘onda «Kovai ohangar» sahnamizda eng yaxshi va muvaffaqiyatlik o‘ynalg‘on asarlardandir. Bu asar xalqning so‘rovi bo‘yincha 31 yanvarda yana bir marotaba o‘ynaldi. Bu gal o‘ynalishida eng muhim ro‘llardan to‘rt ro‘lni almashtirib o‘ynadilar. Bu haqda ikkinchi marotaba tag‘in gaplasharmiz. «Ko‘mak» ishlari So‘ng vaqtda shahar va uyezd ijroqo‘m qoshida tuzilgan talabalarga «ko‘mak» hay’ati muvaffaqiyat bilan ishga boshladi. Hay’at o‘zi yaqindagina (29 dekabr 23-yilda) ishga kirishgan bo‘lsa ham, 16 – 18 kun orasida birmuncha yordam to‘plab, talabalarimizga yaxshigina yordam berishga muvaffaq bo‘ldi. Shaharda boshlangan bu xayrli tashabbusga keng qo‘llik yordamga yetishgan yana o‘zimizning bechora, yo‘qsil, talangan qishloqlarimiz bo‘ldi. Qishloq – «Qaychi» mahallasi ham juda chekkada qolib ketgan, unutilgan bo‘lsa ham, ijtimoiy hayotning kam-ko‘stini to‘ldirishda katta fidokorliqlar ko‘rsatadur. Bu kun Andijonning shahar ichidagi maktablar bir qo‘lning besh barmog‘i qadar song‘a yetmagani holda, qishloq o‘z ta’minotida 40 lab maktab saqlaydur. Shaharning markazida o‘lturg‘an chiroyliq, oppoq binoga o‘rinlashkan maorif nazorati qishloq maktablariga hech narsa bilan yordam bera olmaydur. Bu haqiqat. Maorif nazoratining qishloq maktablariga bo‘lg‘an munosabati mazkur maktablarning maorif nazoratiga tobeligi bilangina o‘lchanadur. Zahi sharaf! Mana «Ko‘mak» hay’atiga 17 – 18 kun orasida qishloqlardan kelgan yordamlar: Haqqulobod mahkumidan: 30 chirvon, 500 (yuz) 32 so‘m pul. Qo‘rg‘ontepadan: 17 chirvon, 800 ming so‘m pul. Xakent(dan): 500 (yuz) 148 so‘m pul. Sultonoboddan: 9 chirvon, 500 (yuz) 22 so‘m pul. Oltunko‘ldan: 7 chirvon. Izboskantdan: 9 chirvon. Jaloloboddan: 9 chirvon. Bozorqo‘rg‘ondan: 12 chirvon. Barchasi: 88 chirvon, 205 ming so‘m pul. Bu puldan berilgan yordamlar: Qo‘qon, Farg‘ona va Toshkant talabalariga (ko‘pi komanda Qurslari talabalari): 49,5 chirvon. Samarqand va Maskov talabalarining yo‘l sarflariga: 12 chirvon, 10.000. 13 so‘m pul. Barchasi 70,5 chirvon, 130.000 ming so‘m pul. «Ko‘mak» hay’ati bu safargi kirimini reja bilan yaxshilab bo‘lub bera olmadi. Muning sababi qish o‘rtasida maktablar ta’til qilinib, shu munosabat bilan ko‘b talabalarning Andijonga kelib shoshilish yordam so‘rashlari bo‘ldi. Mundan keyin boshqa shaharlardagi bilim yurtlari bilan to‘g‘ri aloqa bog‘lab, andijonli talabalarning rejalik ta’minotlariga kirishmakchidur. Yordam qilg‘an qishloqlarimizg‘a qulluq, harakat qilib ishlagan hay’atga barakalla deyman. Hozirliq qurslari «Ko‘mak»ning harakati bilan yaqinda 30 kishilik hozirliq Qurslari ochilub, o‘rta va oliy maktablarning kelgusi tahsillari uchun talabalar hozirlanmoqchidur. Bu masala ijroqo‘mda qaralub, tasdiq qilingan. Xotun-qizlar uchun savod qurslari Shahrimizdagi tubjoy xalq qizlar maktabi qoshida siyosiy maorif va xotunlar shu’basining tashabbusi bilan tubjoy xalq xotun-qizlari uchun savod qurslari ochila yotubdur. Hozir 30 xotun o‘qug‘uchilikga yozilg‘an, bir muallim tayin qiling‘an. Shahrimizda birinchi martaba qo‘yilg‘an bu yaxshi qadamni chin ko‘ngildan olqishlaymiz. «Ko‘mak»ga ko‘mak Turli mamlakatlarning oliy va o‘rta maktablariga Turkiston yerlik xalq bolalarini to‘lg‘azmoq maqsadi bilan qurulg‘an «Ko‘mak» uyushmasining bosh idorasi so‘ng vaqtda butkul so‘nib ketdi. Markazda ahvol shu ko‘chada ekan, mahallalarda «Ko‘mak» uyushmalarining yaxshi ishlar boshlag‘anliqlari onglashiladir. Agar Samarqandda chiqaturg‘an «Zarafshon» rafiqimizning mahalliy xabarlarini ta’qib qilib borsak har sonida deguluk «Ko‘mak»ning faoliyati to‘g‘risida xabarlar o‘quymiz, o‘quymiz-da suyunamiz. «Zarafshon»* rafiqimizning keyingi (37) sonida o‘rtoq A.Ismoilzoda «Ko‘makka ahamiyat beraylik» degan sarlavha bilan bir bosh maqola yozib, «Ko‘mak»ni: «Jaholat bilan kurash maydonida bilimsizlikka qarshi xalqning o‘z ichidan chiqqan bir qahramondir», – deb ta’rif qilg‘andan so‘ng qahramonning vazifalariga ko‘chub deydir: «Har bir kurash maydonida ul kurashni boshqarg‘uchi shtabning (bosh qarorgohning) zo‘r vazifalari bo‘lg‘anidek, shunga qarata o‘zi ham ahamiyatga molik sanaladir. Ishtabning to‘g‘ri va har tomondan yaxshi yo‘lg‘a qo‘yulishidan muvaffaqiyat kutuladir». O‘rtoq Ismoilzoda ul maqolasida Samarqand «Ko‘mak» uyushmasining so‘ng kunlarga qadar bo‘lg‘an mavjud niyatidan norozidir. Ul o‘zining bu norozilig‘ini: «Ko‘makning ahamiyatini boshqa yerlarda xalq bir qadar tushungan bo‘lsa ham, bizning Samarqand viloyatida hozirg‘a qadar kerak darajada tushuntirolmagan, «Ko‘mak» uyushmasi uzoqdan yo‘q kabi ko‘runadir», – degan so‘zlar bilan onglatadir. Lokin Samarqand «Ko‘mak»i so‘ng vaqtda xiyla jonlang‘an, yaxshi, yaxshi, jiddiy, jiddiy qadamlar bosqandir. Buni biz «Zarafshon»da o‘qub bila edik. Buni o‘rtoq Ismoilzoda o‘zi ham: «…har nima, so‘ng vaqtlarda ba’zi maorifparvar o‘rtoqlarning tashabbusi bilan bir qadar yo‘lg‘a qo‘yuldi. Chetdagi talabalarga mumkin qadar yordam ham bo‘ldi», – degan so‘zlar bilan e’tirof qiladur. «Ko‘mak» uyushmalari mahallalarda tirilib, jonlanib ketdilar. Markazda esa uning sira tovushi chiqmaydir. Bu g‘ayritabiiy va balki bir oz uyat-da… «Ko‘n etik» Ko‘n etik, Farg‘ona to‘ni, Chust do‘ppisi kiyganlar burung‘i vaqtlarda boy va boyvachchalar ham “muhtaram ziyolilar”cha, nazarga ilinmaydurg‘an, odam qatorida sanalmaydurg‘an “chapan”lar deb atalar edi. Zamon o‘zgardi, ishlar boshqacha bo‘lib ketdi. O‘zlarini odam sanag‘an, “xalq vakillari” bo‘lib kelgan zotlar ishchi-dehqonlarning bolg‘a va ketman sopi bilan mamlakatni boshqarishdan haydaldilar. Ular o‘rnig‘a mamlakatning xo‘jayini, egasi bo‘lg‘an – dalalarda yelkalarini issiq oftobga berib, ham peshana teri, qo‘l quvvati bilan kun ko‘rguvchilar mamlakatni boshqarmoqqa kirishdilar. Mana shul ko‘n etik, Chust do‘ppiliklardan biri ham O‘zbekiston oqsoqoli o‘rtoq Yo‘ldoshboy Oxunbobo o‘g‘li. Bu oqsoqolimiz uchun dehqon ko‘bchilikining dardi ularning tilagini yuzaga chiqarish ishi birinchi mas’alalardandir. Qishloq tirikchiligi, uning ro‘zgorini ko‘tarish, dehqonlarg‘a hammasini o‘rtasida mushtumzo‘r va qishloq baloxo‘rlarig‘a qarshi harakat qo‘zg‘atish jumhuriyat oldida qo‘yilg‘an kundalik mas’alalardandir. Bu maqsad va qishloqqa yuz o‘girishning amaliy tomonini ko‘rish bilan qishloqning o‘zi, uning xalqi bilan yaqin tanishmoq, ko‘zma-ko‘z so‘zlashmak, ularning ehtiyojini o‘z ko‘zi bilan ko‘rmak kerak. O‘rtoq Oxunboboyef Farg‘onadan qaytg‘andan keyin Toshkent qishloqlaridan biriga, bir vaqtda qishloq hokimlari “Zol va Homidiflar” zulmi ostida ezilgan Piskentga chiqdi. Qishloq xalqi o‘z oldig‘a chiqadurg‘an hukumat boshliqlarini (ayniqsa avvalgi zamonlarda) qalbaki zo‘r ehtirom va tantana bilan kutib olsa, o‘z oqsoqoli, o‘z ichidan chiqqan kishisini o‘rtoqliq muhabbati bilan kutib oldi. O‘rtoq Oxunbobo o‘g‘lining borishini kutib turg‘an bir turda tashkil qiling‘an ishchi-dehqon xotinlar salom bilan qarshi oladirlar va o‘z qlublarig‘a olib kirishadirlar. Qlub shior va inqilob rahbarlarining rasmlari bilan yasatilg‘an. O‘rtoq Oxunboboyef o‘zining soda, yengil tili bilan ular bilan so‘zlashdi, ularning ehtiyoji, ahvolidan xabar oldi. Xotin-qizlarimizning haqini, er va xotin vazifasini, qalin mol va tuyalar haqida tushuntiradir. Xotinlar majlisi tamom bo‘lg‘andan keyin Piskent qizil choyxonasida xalq majlisi (miting) ochiladir. So‘z ana o‘sha ko‘n etik oqsoqolg‘a beriladir. Oqsoqolimiz minbarga chiqishi bilan uzoq olqish va salomlar bilan qarshi olinadi. O‘rtoq Oxunboboyef o‘z so‘zida mehnatkashlar dunyosining qancha og‘irliq va qiyinliqlar bilan butun jahon o‘lchavida birgina Rusiyada hokimiyatni qo‘lg‘a olg‘anlig‘ini va hukumat uchun uzoq kurashlardan keyin, endi mamlakatni tuzish, ro‘zgor ishlarini ko‘tarish, qishloq ro‘zgorini yuksaltirish uchun bel bog‘lang‘anlig‘i, bu yo‘lda shahardagi ishchilar bilan qishloqdag‘i dehqonlarg‘a hammasining ittifoqlarini mahkamlaganda olding‘a qo‘yg‘an maqsadga yetmasi mumkinligini so‘zlaydir. – “Hukumat qishloq ro‘zgorini ko‘tarish uchun sizlarga butun kuch va quvvati bilan ko‘maklashmakdadir. Lekin, bu ko‘maklar qishloqning hamma ehtiyojini ta’min eta olmaydir. Shunday bo‘lg‘andan keyin nima qilish kerak? Bir-ikki dehqon bir-birlashsin, berilgan yordamni, o‘zida bor kuchini bir yerga to‘plasin; birlashib ekin eksin. Mana shunday bo‘lg‘anda hozir kichik va oz bo‘lg‘an ko‘makdan ko‘b hosil undirish mumkindir” dedi. O‘rtoq Oxunboboyef so‘zidan keyin savol-javoblar boshlandi, dehqon va kambag‘allar o‘z ehtiyojlarini va nimaga muhtoj ekanliklarini birma-bir so‘zlab o‘tadir. Shular orasida iflos suvda baliq o‘lmoq niyatida bo‘lg‘an ulamolardan bir-ikkisi chiqib: “Taqsir, bizning shariat qozimizni yanadan saylanib berishga javob bersangiz endi” deb so‘raydirlar. Bu haqda dehqon va yo mehnatkashlardan birortasi bir og‘iz so‘zlamaydir. Oqsoqolimiz shariat va xalq qozilarining qiladurg‘an ishlari, ularning vazifasi haqida so‘zlab, turmushdan oling‘an bir qancha dalillar bilan shariat qozisining kimlar ekanligini va kimlar uchun ular kerakligini isbot qiladir. “Kengashlar hukumati har millatni o‘z ixtiyorida, o‘z turmushig‘a muvofiq yashashig‘a keng imkon beradir. Hokimiyat ishchi-dehqon shuncha turg‘an dehqonlardan biri bizga shariat qozisi kerak deb bir og‘iz hech narsa degani yo‘q. Ishchi-dehqonlarning oldida turg‘an muhim ishlar xo‘jaliq, mamlakatni obod qilishdir. Ular uchun qoziliq mas’alasi ikkinchi mas’ala ahamiyatsiz narsadir” dedi. O‘rtoq Oxunboboyefning bu so‘zlari uzoq olqishlar bilan qarshi olinadir. Undan keyin Mavlonbekif va Toshmuzofot ijroqo‘m raisi Akbar Islomif o‘rtoqlar doqlad qiladirlar. Majlis oxirida Piskent ijroqo‘m raisi: “Bizning ekin vaqtimizda dehqonlarimizni sarosima qiladurg‘an bir arig‘imiz bor. Shul ariqning boshini har yili suv urib keta beradir. Bu kun oqsoqolimizning kelishi o‘shal ariq boshini yangidan kavlab hozir qilg‘an vaqtimizg‘a to‘g‘ri keldi. Shuning uchun shul ariqni o‘rtoq Yo‘ldoshboy ismiga qo‘yishni taklif qilamen” dedi. Bu taklif uzoq olqish va “yashasin oqsoqolimiz” degan tovushlar bilan qabul qilinadir. Miting tamom bo‘lg‘andan keyin o‘rtoq Oxunboboyef o‘z ismiga bag‘ishlang‘an ariq bo‘yiga borib, ariq boshini ochib beradir. Piskentdan qaytishda butun yo‘l bo‘yi qishloq xalqi har qayerda to‘da-to‘da bo‘lib o‘rtoq Oxunbobo o‘g‘li bilan so‘zlashadir. Soliq mas’alasi, dehqonlarg‘a qarz, kaperatiflar va boshqa ehtiyojlardan so‘zlaydir. Uzoq kech bilan o‘rtoq Oxunboboyef Toshkentga qaytadir. «Malikai Turondod» Karlo‘ Xo‘tsi… Vaxtang‘o‘f… Avvalgisi milodning 1806 nchi yilida o‘lib ketgan — italiyali bir fojianavis. Keyiigisi 1921 nchi yillarda yosh turib o‘lib ketkan maskavli bir rejissurdir. Xo‘tsi Italiyada «xalq kulgilari» degan yo‘lni avj oldirmoqchi bo‘lg‘on mashhur Sakkining jahongashta, sayoq teatr to‘dasi bilan birga o‘sha yo‘lda cholishqon kishilardan edi. «Xalq kulgilari» degan yo‘l o‘zimizning qiziqlarimiz tutqon yo‘lg‘a birmuncha yaqindir. Uida ham mashhur, tanilgan qiziqlar bo‘lar edi, ularning ismlari (Pantaluni, Birigalla, Tiruffaldii va boshqalar) butun Italiyaga ma’lum edi. O‘ynaladirg‘on har bir asarda o‘sha qiziqlarg‘a loyiq ro‘llar bo‘lardi; asarda uning bir qahramoni sifati bilan o‘ynay beralar lekin asl o‘z ismlarini hamma piyesalarda saqlab qolarlar edi. Shu uchundirkim, Xo‘tsining «Turondod»ida uchrag‘on ismlar uning «Ilon xotin» degan asarida va umuman, boshqa asarlarida ham uchraydi. Hatto undan burunroq (1793 da) o‘lgan Karlu Galdo‘nining asarlarida ham (chunonchi: «Ikki boyg‘a bir qarol» da) haligi mashhur qiziqlardan Pantalo‘ni, Truffaldin va Birigallalarga uchraymiz. Ular sahnaning hammavaqt ko‘rina turg‘on tanish yuzlari, chehralari bo‘lg‘onlari uchun «maska» (niqob) nomini oldilar. «Komedi darlort» deganlari «Niqobdorlar qiziqchilig‘i» degan mafhumni onglatadi. U qiziqlarning yana bir xususiyatlari ijodchi bo‘lishlarida edi. Ya’ni asl piyesada ularning so‘zlari kam bo‘lib, kerak joyda ular o‘sha zamonning qiziq gaplaridan qo‘shib so‘zlar edilar. Ular kuchli ijodchi bo‘lg‘onliqlaridandirkim, tomoshachilarni hamma vaqt piyesada yozilmag‘on so‘zlar bilan kuldirib kelganlar. Butun dunyo miqyosida shuhratga ega bo‘lib qolg‘on Yevgeniy Vatang‘o‘fning 3 mashhur «tuzma»sidan biri o‘sha Karlo‘ Xo‘tsining «Malikai Turondod» degan asari edi. Bu asar Vaxtang‘uf nomidagi teatrda shu yil qishda 500 nchi marta qo‘yilishining to‘yini qilib o‘tkazdi. Har yakshanba kuni kunduzi, umuman ko‘b bayramlarda bu asar to‘qtovsiz qo‘yilib turadi. Hamma vaqt tomoshachilar bilan teatr sahni liq to‘la bo‘ladi… «Agar yosh turib o‘lib ketmasaydi, chinakam inqilob teatrini yaratqon bo‘lar edi», deydilar uning to‘g‘risida. Chinakam quvvat va qudrati endi ochilib kelayotqonda juda yosh o‘lib ketdi. «Ming gulidan bir guli ochilmasdan» so‘ldi bechora. Inqilobni ko‘plardan burun qabul qilib, unga unab, u bilan ishlamakka bel bog‘lag‘on Vatango‘f inqilobdan burun yozilg‘on asarlarga — o‘yin yo‘li bilan — inqilob unsurlarini payvand qilardi. Bolchiqli Meterlinkning «Anton avliyoning karomati» degan asarida. Vaxtang‘o‘f yuqori tabaqa odamlarini juda qattig‘ masxara qiladi. Unda «burjuazi»ning turli rangdagi kishilari eng olchoq qiliqlar bilan ko‘rsatiladilar. «Gabelma» degan yahud teatri uchun qo‘yib bergan asarida, «Hadebuk»da yahud xalqining necha yuz ming yilliq alamlarini juda o‘tkur qilib ko‘rsatadi. Xo‘tsining «Turondod» degan asari erga tegishni istamagan va erkakdan jirkangan «nozli» bir xitoy malikasini tasvir qiladi. Qizning otasi Xitoy xoqoni Altaum qizining «nozi» uchun hadeb bosh kesdiradi. Qizining erga tegmak uchun qo‘yg‘on sharti —uchta jumboq (tobishmoq) ni hal etib berishdir; hal etkanlar — qizni olalar, eta olmag‘onlar — boshlarini kesdirtalar… Astarxondan bir no‘g‘oy xonining o‘g‘li borib, jumboqlarni topquncha qancha yigitlarning boshi ketadi. Bu o‘zimizning eski Sharq hikoyasi majmualarida («Haft paykar»larda) uchrab yurg‘on xayoliy hikoyalardan bittasidir. Mavzu e’tibori bilan bu asar foje’dir, qo‘rqinchdir. Lekin boyag‘i Italiya qiziqlaridan bir nechtasi aralashib qolg‘oni uchun bir necha joyda yaxshi kulgilar beradir. Asarning tubandagi qiziqlik xususiyatiga «niqoblar qiziqchilig‘i» yo‘lining ijodiy imkonlariga juda chuqur tushungan Vaxtang‘uf qo‘rqinchli, foje’li asarni juda qiziq bir kulgiga aylantirdi. Asarning mavzuini, rejasini, mafhumini o‘zgartmasdan yangi shakl berdi; o‘yun, tuzma va mafhumni chuqur onglash yo‘llari bilan asarni boshqa qolibqa soldi. Asardagi qiziqlar, bukun ham o‘sha qadimgi ismlarini taniganlari holda, bu kunning tomoshachisini bu kunning mavzulari bilan kuldiralar. Shuning uchun Xitoyning necha ming yil burung‘i turmushidan oling‘on, balki yolg‘iz xayol mevasi bo‘lg‘on bu qadim asarda… bu kunning radiosi, futo‘g‘irof mashinasi, anket to‘ldirishlari to‘g‘risida so‘zlanadi; o‘sha muyumlarning o‘zlari sahnada ko‘rinadilar… Vaxtang‘o‘f tuzmasining yana bir to‘b tilagi: xurofotdan tomoshachini sovutmoqdir. Ya’ni asar bo‘lg‘on bir voqeaday emas yaxshi, yengil, silliq va tekis o‘ynalg‘on bir uyunday ko‘rinadi. Vaxtang‘o‘f bizga — tomoshachilarg‘a butun asar bo‘yicha «Ishanmang! Ishanmang! Bu—bo‘lg‘on gap emas! Yolg‘on bir hikoya! Bu «o‘yun» deb turadi. Shu uchun o‘ynag‘uchilar (qiziqlardan boshqalari) tugal sahna kiyimi kiyib lozlarini bo‘yab chiqmaylar. To‘g‘ri, o‘z kiyimlari bilan chiqalar-da, tomoshachilar oldida mayda-chuyda lattalarni u yer-bu yerlariga ilib, tashlab, bog‘lab… xitoy ertagisining qahramonlarig‘a jindak o‘xshab olalar… Jindak! Biz, tomoshachilar Altaum podshoh ro‘lini o‘ynag‘on Uyg‘urni, shahzoda o‘ynag‘on Abror bilan Hojiqulni, qiz ro‘lidagi Tursunni, Sora, Zamira, Bahrinisa va boshqalarni bahuzur tanib o‘ltiramiz… Bizni shu hikoyatga ishantirmaslik uchun o‘yun yo‘li bilan ham birmuncha choralar ko‘rilgan. Maskavdagi dram maktabimiz bu yil shu asar ustida ishlamakchi bo‘ldi. Vaxtang‘o‘fning shogirdlaridan Simo‘nif rejisso‘rliqqa chaqirildi. U Vaxtang‘o‘f teatri o‘ynovchilaridan ikki kishi Talchanif va Basif o‘rtoqlarning ko‘magi bilan ishga boshladi. Asarning tarjumasi kaminaga topshirilg‘on edi. Qofiyasiz lekin 11 hijoli vazn bilan tarjuma qilib chiqishqa muvaffaq bo‘lindi. Albatta istudiya «ish» deb turg‘on vaqtda o‘ylayib-netib, ishlab-tuzatib o‘ltirishqa to‘g‘ri kelmadi. Bu uning boshqa o‘yunlari qatorida bir o‘yuni bo‘ladir. Lekin asar tayyorlanmoqda; kelasi yil teatr faslida yosh jumhuriyatimizning yosh poytaxti u asarni ko‘ra oladi. Munga ishonamiz. Asar navbatdagi bir piyesa qo‘yilishi kabi qo‘yilmasdan, fan-tahlil yo‘li bilan qo‘yildi desak bo‘ladi. Rejisso‘r va uning emakdoshlari u asarni sahnaga qo‘yib berish uchun emas, o‘sha asar ustida istudiya talabalariga sahna darsi berish uchun ishladilar. Shu uchun bu asar bizning sahnamizda ortiqcha hurmat qozonolmog‘onda hamki, sahna kuchlarimizning yuksalishi va o‘sishi uchun katta xizmat qilg‘on bo‘ladi. «Sahnamizda hurmat qozonolmog‘onda» dedim, bundan maqsadim shu: Maskavda jahonlar qadar dong topqon bir asar bizda balki juda xor bo‘lar: Maskav tomoshachisig‘a sira yoqmag‘on bir narsa bizda katta hurmat topar, sevilar. Bu farq har kim uchun ochiq va ravshan bo‘lg‘on farqdir. Munda asarning yolg‘iz bir dars quroli bo‘lg‘onini ko‘z oldida tutish kerak. Io‘qsa, o‘tkan yildagi kabi yanglish tushunchalar bo‘lmog‘i mumkin. Ya’ni, o‘tgan yil dram istudiyamiz ruschadan tarjuma asarlarni ko‘nrak olib borg‘oni uchun hajviy «Mushtum» da jiddiy koyishlar bo‘ldi. «O‘z turmushimizni keltirmagan!» dedilar. U asarlariing rus rejissurlari tomonidan maktabda tayyorlang‘on darsliklar ekani tushunilmadi. Munosabat kelgan vaqtda shu yerni picha oydinlashtirib o‘tishni lozim ko‘rdim. «Mushtum»ning 25-soni Bu son – uning 25-nchi song‘a bitkaniga bag‘ishlanib 24 betlik qilinib, boy mundarija bilan chiqarilg‘an. Bu sonda sevgili “Julqunboy”ning yengil-yengil ravon hajivlari bor. Ayniqsa, istatistika ko‘p yaxshi chiqqan. Rasmlar qismi ham bu safar jiddiy ahamiyat berilganligini ko‘rsatadur. Faqat birgina kamchiligi borkim, u ham bo‘lsa, “Mulla Nasriddin”dan oling‘an narsalarning qaydan oling‘anligi aytilmaganidur. Masalan: shu sondag‘i “Toshfulot tajang” rasmi “Mulla Nasriddin”da bosilg‘an edi. “Mulla”ning u sonini ochiq eslay olmasam ham ko‘rganligim xotirada ravshan bor. Mundan burungi sonlarda ham shunday narsalar bo‘lg‘an edi. Uni – “Mushtum”dagi birga ishlashgan o‘rtoqlarimning o‘zlari ham yaxshi biladurlar. Har holda, “Mushtum” bizda hazilchilik, chandishchilik, tegishqoqliqning birinchi tajribasidur. Tajribamizda muvaffaqiyat qozondiq deb da’vo qilsaq haqqimiz bor. Faqat, kamchiliklarimizdan ham tonmasligimiz lozim. “Mushtum” – mundan so‘ng rasmlariga yana ham ortiqroq ahamiyat berishga, ularni Buxoro choponidek ola-bula, bachkana va ifoda (выражение) siz qilmasdan, sodda va o‘qushliq qilishqa tirishmagi lozimdur. 25-nchisonini samimiy tabrik qilar chog‘da shu kichkinagina tilakni arz qilmay o‘ta olmadiq. «Nasab qurbonlari» 14-oktabr “Kolizey” binosida Eski shahar siyosiy maorif qaramog‘ida bo‘lg‘an buxg‘alterlar kursi foydasig‘a o‘qig‘uchilari tomonidan sof o‘zbeklar turmushidan oling‘an 4 pardalik “Nasab qurbonlari” (muzikalniy drama) sahnaga qo‘yildi. Asar bizning xotin-qizlarimizning og‘ir turmushini ko‘rgan jabr-zulmlarini ko‘rsatadir. Asarda bo‘lg‘an kamchiliklarga to‘xtalmasdan o‘ynag‘uchilarg‘a kelsak, Zinnat ro‘lini o‘ynag‘an Tutash kerak harakat va kerak ohangda o‘zbek xotinini ko‘rsata olmadi. Nurmat ro‘lini o‘ynag‘an o‘rtoq ham shundan xoli emas. Bizda hali kiyim va grimlarda ko‘p kamchiliklar ko‘rishga to‘g‘ri keladir. Afishada ko‘rsatilgan bo‘lsa ham sahna oralarida muzika ko‘rilmadi. Umuman, teatr xalqqa ta’sir bera olmadi. Asar fojialik bo‘lg‘ani holda o‘ynashda kulgi bo‘lib chiqdi. Lekin buning faqat qursantlar tomonidang‘ina qo‘yg‘anlig‘ini e’tiborg‘a olsaq, ortiq tanqid mumkin emasdir. Xalqqa yaxshi ko‘ringan bir narsa bo‘lsa, ul ham bir necha o‘zbek qizlarining ko‘rilishidir. «Oydin» Iyunning 15-ida chorshanba kuni Boku teatr texnikumidagi talabalarimizning uchinchi o‘yunlarini ko‘rdik. Bu daf’a tarjima emas, tabdil qiling‘on bir asar, Ja’far Jaborzodaning «Oydin» nomli fojeasi qo‘yilg‘on edi. 25—30 yillik bir tarixga ega bo‘lg‘on Ozarbayjon turk teatri, bu asarni so‘nggi bir-ikki yil ichida repertuvaridan sira tushurmaydi. Hozir munday yaxshi asarlar turk xalqlari sahnalarida barmoq bilan sanaladi. Hatto, bu kun teatr san’atining markazi sanalg‘on Maskavda ham yaxshi teatrlar uchun yaxshi asarlar topilmasdan, repertuvar masalasi bosh aylantirguchi masalalardan biri bo‘lib yuradi. O‘zi yaxshi bo‘lsa ruhi (mazmuni) to‘g‘ri kelmay qoladi, ruhi yaxshi bo‘lg‘onlarining yozilishi zaif bo‘ladi va hokazo… Shunday bo‘lg‘ondan keyin milliy jumhuriyatlarning sahnalarida yaxshi asarga muhtojliq hammadan ko‘b ko‘rilib, hammadan ko‘b seziladi. Bu, ko‘z oldimizda o‘tib turgan ahvol. Jabborzodaning bu asari haqiqatning qoq o‘rtasidan kovlanib oling‘on bir mavzuni sahnalashdirgan bo‘lsa ham, juda ko‘ngilchak (sentimental) bir ruh bilan yozilg‘on. Asarning shirin va yoqimli tili, boshdan-oyoq odamliq (kosmopolit) fikrlarini to‘kib turadi, asarning bosh qahramoni Oydin, tinchimas va to‘polonchi, ko‘nglidan hamma vaqt odamliq, ayash va qizg‘onish tuyg‘ularini chiqarib turadi. U, Abdusalimzoda Muhammadhodining «Firdavsi alhomat» degan asaridagi yer yuzi jannatlarini istaydi, dunyoni «oltin» degan balodan qutulg‘on qilib ko‘rmakchi bo‘ladi. Xotini Gultaksin tuzuk-qo‘ruq bir ko‘ynagi yo‘g‘lig‘idan, lyak ro‘molini paranji qilib bekitib yuradi. Oydin bo‘lsa o‘z eliga Napoleo‘n va Chingiz hashamati bilan kirishni istaydi, shuni xayol qiladi… Bu Oydin, asrimizning manxali darvishlaridan; odam aqlli ish qilib, ishlab basharning dardiga malham bo‘lish o‘rniga—siz… siz… o‘zingizning nima ekaningizni bilmaysiz, anglamaysiz! — deydi. Tegrasidagi hammani «bilmaslar» deb o‘ylaydi. Holbuki, o‘zi o‘z xotinining uni deb (ya’ni Oydinni deb) nomusini sotishg‘a majbur bo‘lg‘onini bilmaydi. Umri o‘t aravada o‘tgan, fikri tilla soat va tilla uzuklardan ayrilmag‘on axmoq bir boy xotininiig to‘rt og‘iz g‘arazli gapiga ishonib, qilcha aybi bo‘lmag‘on Gultaksinga bo‘lmag‘an og‘ir so‘zlarni tashlaydi. Oydin «shapkali» dedim, Oydin palli bir turkning shapkasi bo‘lg‘ondan keyin, u «munavvaz» dir, madaniydir. So‘zlari oltindan qimmat bo‘lsa ham, salbiy, yomon, yaramas madaniydir. Dunyo zulmu jabrga to‘lg‘on bo‘lsa, achchiq qilib, «vo‘dka» ichish kerak ekanmi? Bitga achchiq qilib to‘nni kuydirish lozim ekanmi? Jabru zulmda entikkan odam bolalarining alamlarini oz bo‘lsa ham, jindek bo‘lsa ham yengillatish har bir sog‘lom kishining qo‘lidan keladi-ku. Olaylik Davlatbek boyning zovutidagi ish tashlashni: ishchilar ish tashlag‘onlar bola-chaqalari bilan och yotalar boy hammasini zovutdan haydamakchi, bechora ishchilar nima qilishlarini bilmaydilar, ularga yo‘l ko‘rsatish kerak: Yo‘lni kim ko‘rsatadi? Bilganlarmi? Bilganning biri va kattasi Oydin bo‘lsa, bolg‘ani olib u bilan gaplashadi, unga «sen bilmaysan» deydi: Zovutg‘a o‘t qo‘ymoqchi bo‘ladi, qo‘yolmaydi, boshqalar qo‘yib yuborsa, «suv bering, suv! Madaniyat kuydi!» deb boqiradi… Munday bashariyat xodimi bilan haligi ha deb «jahannamga» deb yura turg‘on jinni ishchining orasida nima farq bor? Nima farq? Bu asarni tekshirib o‘ltirmoqchi emasman, u ko‘b cho‘zilib ketaturg‘on narsa. Munga gazeta betlari torliq qilib qoladir. Asarni bir necha daf’a o‘qib, ko‘rib so‘ngra durustroq tekshirmak mumkin. Hozircha men bosh qahramon to‘g‘risida kerak deb olganim gaplarni aytib ketdim. Endi o‘ynalish jihatiga kelsak, yana burung‘i gapni qaytarishg‘a to‘g‘ri keladi. Talaba holidag‘i yigitlarimiz uchun bu asar og‘ir. Ayniqsa, Oydin bilan Gultaksinning ro‘llari juda kuchli va mohir akto‘rlar talab qiladi. Oydin bilan Gudtaksinni o‘ynagan akto‘r o‘sadi, tez o‘sadi; u ikki ro‘l, tarbiya berguvchi ro‘llardandir. Shuning uchun yuhorida ta’rif qiling‘on Oydinni biz bu daf’a qoniqib ko‘ra olmag‘on bo‘lsak, bilmadim kimni ayblashg‘a to‘g‘ri kelar ekan. Mencha hech kimni… Shubhasiz bu kecha Oydin ro‘lini o‘ynag‘on Rahimberdi, so‘ngroq o‘sadi, lekin, «bu ro‘l o‘shaniki bo‘ladi» deyish ham mumkin emas. Aynihsa, Gultaksin ro‘lidagi qiz Nazira, u hali ham umud beradi. Boy ro‘lidagi Sayfi qori juda yot ko‘rindi. Demak, merosxo‘r boybachcha; u holda uning buzuqlig‘i o‘tkur qilib ko‘reatilsa bo‘lar edi. Boyning xotini ro‘lidagi qiz sahnada o‘zini erkin tutadi, bu birinchi muvaffaq bo‘lish demakdir, Boshqalar o‘zlariga yarasha tekis o‘tdilar. Qo‘yilish va ziynat jihatlaridan kamchilik ko‘b bo‘ldi. «Qamoqxonami, jinnixona?» “Ulutluk” (shuunot) nom angliz jurnali yozadir: “Agarda jahon urushi vaqtida Germaniya zo‘r kelsa edi, Ovrupo bir qamoqxonadan iborat bo‘lur edi. Lekin, ul qamoqxonada har nima bo‘lsa ham bir ozroq tartib, intizom bo‘lur edi. Jahon urushida Germaniya zo‘r kelmasdan biz zo‘r keldik. Yaxshi, Ovro‘po endi qanday holdadur? Bu savolga javob berib deymizkim, “Bu kungi Ovrupo bir jinnixonadan iboratdur.” Bu angliz jurnalining achchig‘ini keltirgan narsa shudir: Angliya hukumati ilgariroq hadeb Germaniyani hovluqtirar edikim: “Fransiya seni talab ketayotubdur, dod de, faryod qil!” deb endi bo‘lsa Angliya bosh vaziri Puanqara bilan ziyofat yeb o‘lturub: “Rurdagi o‘ljalardan bizga ham hissa chiqsun!” deb talashadur. Mazkur jurnalning so‘ziga qarag‘anda, hozir Londonda Fransiya yana qarz bermak maslahati bo‘lub turg‘an emas. Fransiya uningsiz ham Angliyadan juda katta qarzdor. U qarzlaridan hali bir chaqa bermay turub yana nimaga unga qarz bermakchilar? Bu nimaga? Bu shuning uchunkim, Fransiya Angliyadan qancha qarzdor bo‘lsa, shuncha mulozimatlik bo‘ladur. O‘zbekcha qilib aytsak: “Gah!” deganda qo‘lg‘a qo‘naturg‘an bo‘ladur. Bu keyingi xabar hali tasdiq qiling‘an bo‘lmasa ham. London gazetchilarining og‘zida bor. “Nyu istesman” degan boshqa bir angliz jurnali hatto “Bolduinning ishi tugaldi, yana o‘sha o‘zimizning Lloyd Jorj durust ekan” deb, Lloyd Jorjning ish boshig‘a kelishini talab qiladur. “Nishenan” gazetasi yozadurkim, hali ishning kattasi mundan so‘ng boshlansa kerak. Nimaga desangiz, Puanqaraning Rurdagi “o‘ljalari” endigina bo‘linishga keldi. “Ispektator” gazetasi bo‘lsa, Fransiyaning muvaffaqiyatini bekor, xom xayol deb ataydur. Nimaga desangiz, tub mujmal (hadaf)ga yetadurgan, ya’ni qarzlarni undira olaturg‘an hech bir ish qiling‘ani yo‘q. Fransiya bilan Angliya orasidag‘i munosabatning o‘ng tarafi shu. Endi uning chap tarafiga kelsak ish yana ham yomon. Mashhur angliz gazetasi “Tayms” 9 nchi noyabrda chiqqan sonida, Fransiyaga qarshi achchig‘ bir maqola yozadur. “Tayms”ning achchig‘ini kelturgan narsa, Fransiya tomonidan mayda davlatlarga hadeb ulgurchi-ulgurchi qarz berilishidur. “Tayms” berilgan qarzlarning ro‘yxatini ham bosub chiqardi. Ro‘yxatdan ko‘ruladirkim, o‘tgan fevral oyining 15 nchisida Polshaga 400 milyon frank, 29 nchi mayda Rumoniyaga 100 milyon frank, 20 nchi iyulda Janubiy Islaviyaga (burung‘i Serbiya)ga 300 milyon frank qarz berilgan. Muning ham “yana”si bor. Fransiyaning moliya vakili Beronza degan kishi Fransiya senatiga bir ma’ruza topshirib, ul ma’ruzada Fransiya tarafidan kichkina Antaliya davlatlariga yana yarim milyard frank qarz berish lozimlig‘ini bildiradur. Lekin, bu qarz pul bilan emas, o‘q-dori, yarog‘-aslaha bilan… Mana shu xollarni ko‘rgandan keyin, qancha sovuqqonliq, og‘ir odam bo‘lsa ham “Tayms” muharririning joni chiqadir. Jahli kelgandan keyin albatta, achchig‘ maqolalarni yozadur. “Fransiya shunday katta sarflarni qilg‘uncha, bizga beraturg‘an qarzini bersa bo‘lmaydurmi? Ana u yarog‘-aslaha bilan beraturg‘an pulini berganda ham qarzlaridan 3 foizi qo‘llangan bo‘lur edi” deydur. Hurmatlik angliz rost aytadur. Sizning haqqingizni bermasdan birovlar uchun katta-katta xarjlagan odam yaxshi odam bo‘ladurmi? Chinakam ham qiyin. Qarzini undurolmag‘an Angliya bilan Amriqog‘a ham qiyin. It-kuchuklariga pul yetkizolmag‘an Fransiyaga ham qiyin. Angliz xazinasini to‘yg‘azolmag‘an hindilarga, Fransiya tama’ini qondirolmag‘an Jazoir-Tunisliklarga ham qiyin. Ish qilib hammaga bab-baravar qiyin. Ovruponing ahvoli hozir mana shu. Xoh qamoqxona deng, xoh jinnixona… «Qizil Sharq» poyezdi keldi Ko‘bdan beri do‘rt ko‘z bilan kutkanimiz, uning to‘g‘risida ko‘b narsalar eshitkanimiz “Qizil Sharq” poyezdi axiri Toshkantg‘a keldi. 13 nchi mart kech soat 5 larda mazkur poyez o‘zining mazamatlik dilbar va qiziq ko‘rinishi bilan qizil Toshkantning ulug‘ temiryo‘l istansasiga kelub to‘qtadi. Eski dunyodan meros bo‘lub qolg‘an umumiy barobaliq natijasi bo‘lsa kerakki, uning kelishi tayinlik emas edi. Tasodifan chiqib qolg‘an kishilargagina uni kutub olmoq mumkin bo‘ldi. Hukumat vakillari, essizkim, yo‘q edilar. Eski dunyoning dahshatlik poyezdlari Sharqqa, Sharqning ijtimoiy inqilobda darvozasi bo‘lgan Turkistong‘a ilgari haramlar, fohishalar, qarta kog‘azlari va boshqa shuning kabi isrofot narsalari tashiy edilar. Ul narsalarga ayribosh qilub Turkiston dehqonining peshana terilari bilan topgan bor-yo‘g‘ini, topgan-tutganini olub ketar edilar. Yangi zamonning go‘zal sovg‘alaridan biri bo‘lg‘an bu poyez Turkistong‘a va shuning ila barobar butun Sharqg‘a: ilm-ma’rifat, yorug‘luq, oydinliq, sog‘lom fikr, yaxshi tilaklar, issig‘ salomlar olub kela. Unlarga ayribosh qilub Turkiston ham o‘zining chin tilaklari, orzu va olqishlarilari, birodarona salomlarini yuborajakdir. Mehnatkash Kunbotish bilan ezilgan Kunchiqish ittifoqi, birligi shudir. Uni boshlovchi, ochiq ko‘rsatuvchi bu “Qizil Sharq poyezi”dir! Bu poyezning o‘zining ulug‘ bir bosmaxonasi, simsiz telegrom istansasi, kasalxona, ishxona, qiroat-kutubxonalari bordir. Bosmaxonasida poyezddagi “Ro‘sta” shoʻbasi tomonidan o‘zbak, tatar, qirg‘iz, turkman, forsiy va rus tillarida kun aralash gazetalar chiqub turadir. Turkiston xalqining shikva va shikoyatlarini eshitmoq uchun maxsus byurosi bordir. Poyez boshida o‘rtoq Safarif turadir. Bu poyezning bizga keltirgan qiymatlik hadiyalari bizning muhtoj bilganimiz ish kishilaridirki, bunlar: ichkari Rusiya mehnatkash gazetalarining boshida turgan o‘tkur qalamli muharrirlardan Shahid o‘rtoq Ahmadiyif, ishlik kishilardan Mahmud Budayli, Fayzi Sultonbek, Chanishef va Burnashef o‘rtoqlardirlar. Shunlar bilan birga Turkistondan yuborilgan vakil Muhammadjon Besirif ham qaytdi. Turkistondagi asira singil va opalar ichida ishlamoq uchun bir necha ishlik xotun-qizlar ham kelganlarki, bu hadiyalarning eng baholi va qadrlisidir. Ortiq, g‘arb, g‘arbning ozod qit’asi o‘zining haqiqiy yuzini, chin va sof qalbini ochadir. Poyezning bosmaxonasida 4 songa qadar chiqg‘an “Qizil Sharq” gazetasi butunlay yangi imlo bilan chiqmishdir va boshidagilarning yangi qizg‘in yoqlovchilari ekanlarini bildikkim, bu bizim uchun zo‘r sevinchdir. Sharqqa Gʻarbdan haqiqiy yordam keldi, haqiqiy fikr yetkazildi. Endi biz unlarning yoniga kirub butun dunyo mazlumlarining sahovati uchun cholishsak bo‘ladir. “Qizil Sharq” poyezini olqishlab qarshi olamiz va o‘zi ila barobar keltirgan qiymatlik armug‘onlariga: – Xush keldingiz, aziz o‘rtoqlar! deymiz. «Shahnoma»ning turkcha tarjumasi Eron-fors adabiyotining otasi bo‘lg‘on ulug‘ Firdavsiy yolg‘uz birgina asari, ya’ni «Shahnoma» si orqasida butun yer yuziga tanildi. Ovro‘po tillarining ko‘piga nazm va nasr bilan tarjuma qilinib «Tus»li Abulqosimning shuhratini ofoqqa yoyg‘on — o‘sha «Shahnoma»dir. Faqat taassuflar bo‘lsunkim biz, shu choqqacha Firdavsiyning u ulug‘ asarini turk shevalarining hech bittasida — tugal va nazm bilan tarjuma qiling‘on holda — ko‘ra olmadiq. Mundan 10—15 yillar ilgari Toshkent shaharida bosilg‘on bir o‘zbekcha tarjumasi bordirkim u ham nasr bilan va faqat moddiy manfaat kuzatib — tarjima qiling‘on. Tosh bosmada bosilg‘on u tarjuma hali ham mehmonxonalarimizni obod qilib turadir. O‘zbek shevasida nazm bilan bir-ikki parcha bo‘lsa ham tarjuma qiling‘onlig‘idan xabarimiz yo‘q. Boshqa turk shevalarida ham nazm bilan tugal tarjuma qiling‘oni bizga ma’lum emas. Faqat, Ozarbayjon shevasida mashhur Sobir tomonidan tajriba shaklida bir narsa boshlang‘on bo‘lsa ham, uning bemahal o‘limi bilan chala qolib ketkan edi. Yana Ozarbayjon shevasida «Shahnoma»ning «Suhrob»ga taalluqli qismi nazm bilan tarjuma qilinib, Tiflisdagi «G‘ayrat» bosmaxonasida bosilib chiqqan edi. «Mulla Nasriddin» majmu’asining burung‘i suratchisi (rassomi) «Ro‘tter» tomonidan u tarjumaga ikkita surat ham tortilib berilgan edi. O‘sha vaqtlarda fors va rus adabiyotlaridan xabardor bir kishiga haligi tarjumani ko‘rsatib fikrini so‘rag‘onimda — «bu tarjumadan ko‘ra, rus shoiri Jukufskiy tomonidan qilingan tarjuma yaxshiroq; lekin «Ro‘tter»ning tortqon rasmi ularning ikkovidan ham yaxshiroq», degan edi. U odamning shu fikri to‘g‘rimi, yo‘qmi — bu to‘g‘rida aqli bo‘lg‘on odamlar o‘zlaricha bir hukm chiqara olsunlar deb, haligi nazmli tarjumadan to‘rt yo‘l misol ko‘rsatib o‘tamen: Firdavsiyniki: Xilof maromam gar oyad javob, Man u churzu o‘z maydon Afrosiyob. Agar shohro budi padar, Ba sar barnihodi maro toji zar. Tarjuma qiling‘oni: Xilof maromim gelursa javob, Manam go‘rzu maydonu. Afrosiyob. Shoh o‘lsaydi shohning otasi agar, Qo‘yordi manim boshima toji zar. Mana shu sanalg‘onlardan boshqa — xoh tugal va xoh parcha holida hech bir tarjumaga shu choqqacha uchramag‘on edim. O‘tkan yoz oylarida xususiy bir ish bilan Marg‘ilon shahriga borib qolib, o‘shanda oddiy bir tasodif orqasida «Shahnoma»ning nazm bilan qiling‘oi tugal tarjumasiga yo‘luqib qoldim. Vaqtim oz bo‘lg‘onlig‘idan chala-chulpa shunday bir qarab chiqdim. O‘sha chala-chulpa qarab chiqishning natijasini shu yerda yozib o‘tamen: Tarjuma qo‘l yozma — eski nusxalardan. Tili— o‘zimiz bilgan «Muhammadiya» kitobining tilida. Boshdan-oyoq nazm bilan yozilib, fasllar (hikoyalar»)ning sarlavhalari «Shahnoma»ning o‘zidagi kabi — nasr bilan qo‘yulg‘on. Tarjuma mutarjimning o‘z qalami bilan yozilg‘onmi yoki asl nusxasidan ko‘churilganmi — bu to‘g‘rida hech bir ishorat ko‘rulmadi. Faqat shu qadarisi ochiq ko‘ruladirkim, tarjumaning shu nusxasi 2—3 kotibning qo‘lidan chiqqan. Yarimlarig‘acha puxta va pishiq, lekin o‘qulishi qiyinroq bir xat bilan — juda diqqat va i’tino qilinib yozilgan. Qolg‘on yarmi (nazm qismi) yana boshqa bir kotib tomonidan i’tinosizroq va xomroq ko‘churilgan. Oxirroqlarida «Hikoya dar xotimai kitobi» sarlavhasi bilan Sulton Mahmud G‘aznaviy to‘g‘risida bir hikoya boshlanadir. Bu hikoya tugalmay qoladir va undan hech narsa onglab bo‘lmaydir. Ayniqsa, oxirg‘i yo‘llari (misralari) juda shoshilishliq bilaq (opil-topil) yozilg‘on. Endi tarjumaning qachon va kim tomonidan qilingonlig‘ig‘a kelayliq. Qachon va qaysi yilda qiling‘oni hech qayda raqamlar bilan ochiq-oniq ko‘rsatilmaydir. Lekin 906 nchi hijriyda Misrdagi charkas xonlaridan «G‘uriy Qonsuxon»(?) zamonida bo‘lg‘onlig‘ig‘a mana bu baytlarda ishoratlar bor: (o‘zicha) 19-bet). To‘qquz yuz olti yil hijratdan ey jon, Erishmishdiki G‘uriy Sulton. (Aslida sakta bor). «Jahon Sultoni G‘uriy Qonsuxon, Zamoning ayini ichra o‘ldi inson. (Aslida sakta bor). Shavvol oyida iydning avvalida bu tarjumaga ko‘shish boshlang‘oni mana bu baytdan ma’lum bo‘ladir: Nahoriyid shavvol avvalindan, Muborak o‘ldi bu fol avvalindan. Mutarjim, «Cherkas xonlari» (miluk charoksa) dan bir nechtasini bitta-bitta hikoya qilib kelib, ularning bir oz umr surib o‘tkanliklarini aytib o‘tadir. Oxirda zolim bir xondan gap ochib, uni yomonlaydir. Mutarjimning so‘zicha, u xon, «Malik Odil» degan kishi bo‘lib, Jonpo‘lot («Jonplad») ni o‘ltiradir. Uning to‘g‘risida mutarjim mana shunday deydir: Javonidi o‘zi yuzi ko‘kchak, So‘rdi uluv kechi oni beshak. «Vale aysh aylamadi taxta loyiq, O‘zin so‘mdi ul uchun xaloyiq. Mutarjimning so‘zicha xalq u xonning zulmidan ko‘p dod-fig‘on qilg‘on; oxirda xalqning «Nolasi asar qilib» Malik Odilning o‘rnig‘a haligi G‘uriy Qonsuxon o‘turg‘on va «Shahnoma»ni «turkcha qil!» deb mutarjimga o‘sha G‘uriy Qonsuxon buyurg‘on. Bu odamning to‘g‘risida mutarjim bir muncha «madhiyalar» yozadir, chunonchi: Misrda vor edi bir ulu sulton Ki ul edi qamu sultonlara xon. Janon ayladi dodila Jahoni, U yetmishdir zamoninda zamoni. (20-bet) Skandar martabat Jamshid rubat, Faridun shavkat va Xurshid tal’at. Azaldan sa’dog‘a (ango) o‘lmish muqorin Bilur Shom emishning bir-bir diyorin. Malik Odilning zulmlaridan gapirib kelib, uning o‘rnig‘a G‘uriy Qonsuxonning o‘ltirishi to‘g‘risida mana shunday deydir: O‘turub taxta o‘ldi ulu sulton, O‘lub chavkonu to‘bi tutdi maydon. G‘uriy Qonsuxonning bir ismi «Qayitpoy» bo‘lg‘on bo‘lsa kerakkim, u to‘g‘rida mana mundoy deydir: Qayitpoy erdi ul sultonning odi, Jahonni tutmishidi adlu dodi. Mutarjim G‘o‘riy Qonsuxonga bir oz nasihat ham qilib o‘tadir. Saroy shoirlariga xos «laganbardorliq» bilan aytilgan u nasihatlar mana bular: Chalap chun verdi sanit bu maqomi (chalap — tangri). Maqoma adlla vergil nizomi. Kishi qolmaz jahonda qolur odi, Kishining odi qolmoqdir murodi. G‘uriy Qonsuxon avval «Shahnoma»ni tarjuma qil deb, o‘z xazinasida saqlanib yotqon kamyob bir nusxasini qoldirib chiqib berganda, bizning mutarjim bir oz «noz» qilg‘on. «Qo‘limdan kelmaydir, falon» degan. So‘ngra «qo‘lingdan kelgani qadar qil» deb qistag‘och «nochor-noiloj» qabul qilg‘on. Tarjumaga boshlar choqda o‘zining «kamtarin», «ojiz» va «haqir»lig‘idan gapirib kelib o‘sha holiga mana bu bayt bilan maqtanib ham qo‘yadir: Dilamaz kimsa muflis yo‘lchidan boj, Xiroj o‘lmaz xaroba yerdan ixroj. So‘ngra o‘ziga xitob qilib gap boshlaydir. Ana o‘sha gaplaridan biz uning ismini ham bilib olamiz. Mana u baytlar: (21-bet) Rasulning oliysan cho‘g‘ aylama ol, Qo‘g‘diri bu kitobi alinga ol. Qel ey sayid qu da’voning maqomin, Biz arz ayla «Shahnoma» kalomin. Tarjuma «Shahnoma» asosiy qismi «Omadani noma ba Sa’d Vaqqos» degan fasl bilan tugaydir. U faslning so‘ng baytlari mana bular: Buroya erdi satranj hikoyat, Bu nav’a ayladi roviy rivoyat. Bu satranja demishlar necha abyot. Digar har birisi bir urtulu ot. Yuqorida aytilib o‘tilgan «Hikoya dar xotimai kitob» sarlavhali hikoyasi mana bu bayt bilan tugaydir: Bu fikr ichinda sargardon hayron, Ki amr etmish edi Mahmud Sulton. So‘ngra nasr bilan sulton Mahmud G‘aznaviy bilan Firdavsiy o‘rtasida bo‘lib o‘tkan ma’lum voqea hikoya qilinadir. Mutarjim u hikoyani nasr bilan yozg‘onini hikoya qilib turub, deydir: «Bazi «Shahnoma»larning zohirinda bu hikoyati ajam dilinja nashrila yozmishlar, biz dohi ul tartib uzra turkiya do‘ndirmiy bayon aylurmiz». Bu hikoya ham ikki xil qalam bilan yozilg‘on. Oxirlarida xatlarini o‘qush qiyinlashadir. U qiyin xatlar, bir xil eron yozma xati bilan usmonlicha yozmaning o‘rtasida — mujmal bir xat. Eng oxirida yana boshqa bir qo‘l bilan (so‘ngroq qo‘shulg‘on bo‘lsa kerak) xuddi yosh bolalarning chizib o‘ynashlarig‘a o‘xshatilib mana bu narsa yozilg‘on. Qanda voram sarvi sarafrozim vorkan, Yo kima qul uloyim siz afandim vorkan… «Shayx San’on» (KALIZEY BINOSI, 29 MAY) Bizga Shayx San’on ko‘bdan beri tanish. Uni bizning so‘fiylarimiz ko‘bdan bilalar. Yuqoridag‘i bir yo‘l so‘fiylik g‘azali ham eskirak zamon kitoblarida bordir. San’on Madinada tarbiya topqan bir so‘fiy, bir shayx edi. Tariqat yoymoq uchun bo‘lsa kerak, Gurjistonga keladi. Unda bir go‘zal gurji qizini ko‘rub oshiq bo‘ldi. Shuning bilan uning tariqatida, shariatida ul qizdan iborat bo‘ldi. San’on qiz uchun o‘zining eng muqaddas e’tiqodlarini barham berganda ham yuzaki ishonishlardan — zaharlik kulush bilan kular edi. U shu ishlarning hammasini «haqiqat» uchun, tariqatdan, shariatdan, so‘fiylik, zohidlikdan yuqori va yuksak bo‘lg‘on bir haqiqat uchun ishlagan edi. Yuzaki ko‘runush, riyokor ibodatlar o‘rnig‘a «haqiqat izlash» kelgandan so‘ng San’on kufr la’nat toshlaridan quruq qolmadi. Yuzaki qarag‘uchi taassub shaytonlari, istaklari qadar so‘kub qarg‘adilar! Shu shayxning hayotini teatr usulida jonlanturg‘on Husayn Jovid, Qofqasiya turklarining quvvatli adib va shoirlari (dan — U. S) Husayn Jovid, shayxga, menim onglashimcha, bir oshiq, bir muxlis edi. Shu ishq qaynoqlig‘i natijasida 9 manzaralik she’r bilan yozilg‘on mukammal adabiy, falsafiy bir asar maydong‘a chiqqon. Unda shu «zunnor bilan bog‘li bo‘lg‘on» Shayx San’onning ruhiy holatlari, jinnilik hayoti to‘la ko‘rsatilgan. Xurshid o‘rtoqning tarjimasi ortiq maqtarliq emas. Bizda hali e’tirof qilayliq — bunday zo‘r adabiy asarlarni «o‘zbekchalashdira» turg‘on to‘la bir kuch yo‘q. U holda, tarjima ortiq yaxshi bo‘lmasa ham yararliq, bo‘larliqdir. Faqat asarning joylanishi (postanovkasi) uchun qimmatli Uyg‘urimiz ko‘b tirishqon. Butun hay’ati bilan 11 kishidan iborat bo‘lg‘on qora baxtli bir teatr to‘dasi bilan, to‘daga besh-o‘n barobar kelaturg‘on kuchini chetdan tortib, shu qadar tekis va erkin chiqorish katta muvaffaqiyat. «Kalizey»dek ajdaho bir sahnada «Shayx San’on»dek og‘ir va kuch talab etkan bir asarni jonlandirish o‘zbek teatrining chin oshiqlari bor ekanligiga dalil. O‘yun — umuman olg‘onda — tekis chiqdi. Ayniqsa, Shayx San’on yaxshi edi. Birinchi pardada Shayx Kabir vazifasini ustalik bilan bajargan Bosit mas’uliyatlik darvish vazifasida kutgan o‘yunimizni ko‘rsata olmadi. Boshqa vazifalarga to‘qtalib o‘lturmayman. Ular o‘yunning ketishida bir muncha kamchiliklari bilan birga tekis edilar. O‘yunning o‘zi ham vaqtida boshlanib, vaqtida bitdi. Xalq juda sevingan edi. So‘ng pardalarning birida Uyg‘ur o‘rtoq ayrim olqishlanib, to‘da ismidan unga bir oltun soat sovg‘a qilindi. Xalq ko‘b, «Kalizey» binosi to‘lg‘on, unum yaxshi, ayniqsa faxriy joylarni sotishda kechaning mas’ul mudiri Mirza Qodir o‘rtoq Qushbegiyefning jiddiy tashabbusi bo‘lg‘onlig‘i ko‘ruldi. Shunday unumlik tomoshalar bilandirkim, yagona bir teatru to‘damiz o‘lub qolmasdan, yashab keladir. «So‘z, so‘z, so‘z!» Qlassiq fojianavislikning eng ulug‘ kishisi, olamshumul tiyotru muharriri Shekspir eng yuksak asari bo‘lg‘an «Hamlet»da bosh qahramonning tili bilan yuqoridag‘i jumlani aytdiradi. Chinakam, u dohiyning hamma asarlari gaplashish (dialog)ning, umuman, so‘z san’atining qlassiq – eng mukammal nusxasidur. O‘rtog‘imiz bo‘lg‘an rus sahnasi ham bir zamonlar so‘z bobida eng ulug‘ kuchlarni yetishtirdi. Shchepkin, Mochalo‘f, Sado‘fskiylar («Kichkina tiyotru»ning sutunlari) o‘z vaqtida tomoshachini so‘z bilan o‘zlariga band etkan kishilar edi. Shekspirning so‘z nusxasi bo‘lg‘an asarlari o‘shalarning tillarida jonlanib, zalni seskantirdi. Hozir ham «Birinchi badiiy tiyotru»ning Kachalo‘f, Moskvinlari, sobiq «Korsh» tiyotrusining Blumental – Tamarinasi badiiy so‘zning katta eranlaridurlar. So‘ngg‘i yillarda tiyotrchilik san’ati tajriba (eksperiment) ko‘chalariga ko‘prak urib ketib, so‘zni (va shu sababli akto‘rni ham) orqadaroq qoldirib keldi. Bu narsa «rejisso‘r tajribachiligi» (ya’ni rejisso‘rning tajribalari uchun kengrak maydon qo‘yish) yo‘lini tutkan yangi tiyotrulardagina emas, so‘zni o‘zlarining «ko‘z qarolari» qilib olg‘an eski tiyotrularda («Kichkina tiyotru» kabilarda) ham ko‘rildi. Tiyotruchilik san’atida akto‘rlarga ahamiyat bermaslik o‘sha san’atni, bir butun holda olg‘anda, ancha paslatmakda ekani so‘ng vaqtlarda tushunila boshlandi. Shu uchun edikim tiyotru mahfillarida (tevaraglarida) «akto‘rga qaytaylik» degan shior yana aytila boshladi. Akto‘rga ahamiyat berish demak so‘zga ahamiyat berish demakdur. Akto‘r, tiyotru san’atining akto‘ri har qanday narkiliy (konstruktiv) sahnada ham so‘zlaydi, gapiradi; chiraylik so‘z chiraylik qilinib gapirilsa, tomoshaning ta’siri bo‘lmay iloji yo‘q. Shu uchundirkim so‘ng vaqtlarda Maskov tiyotru matbuotida so‘z san’ati xususida xos boblar ochilib, so‘z bilgichlarning fikrlari ko‘pchilik o‘rtasig‘a tashlana boshladi. Shu uchundirkim «Qiroatchilar tiyotrusi» (Tiyotr chtetsa)ning tarqalg‘ani, Gulidova qo‘l ostidag‘i so‘z san’ati truppasining yo‘q bo‘lub borg‘ani, usta qiroatchi Svetayevning ko‘rinmay yotkanini yoza boshladilar. Shu uchun ishchi muxbirlar: «Qulublarg‘a badiiy qiroat beringiz!» – deb hamma tomondan talab qila boshladilar. Demak, bu masala qizil Maskovda, bizga kerakli san’atning u buyuk markazida jiddiy va qizg‘in suratda pishitila boshlandi. Bizning yangi o‘zbek tiyotrusida, hali endigina «tetapoya, oltin soya» qilib kelayotkan yosh truppamizda o‘zining yoshig‘a qarab, albatta, hali ko‘b yetishmasliklar borlig‘i ma’lum. Bizda hali tugal ma’nisi bilan madaniy akto‘r ham yo‘q. Lekin, shu bilan birga, bukungi O‘zbek davlat truppasining tan harakatlari bobida ancha o‘sganini truppadagi ba’zi bir akto‘r yigit va qizlarimizning o‘yin xususida (yolg‘iz o‘yin xususida) madaniy pog‘onalarning ancha yuqorisida turg‘anini sevinch bilan aytib o‘tishg‘a to‘g‘ri keladi. Hatto ba’zi bir urfiy va tetik (tipichnыy) ro‘llarda yaxshi o‘ynag‘uchilarning yaxshig‘ina so‘zlari ham bor. Ba’zan ko‘b yaxshi so‘zlagan akto‘rlar va ko‘b yaxshi so‘zlangan so‘zlar bo‘ladi. Lekin akto‘rning o‘yin hunariga qarag‘anda so‘z hunari, albatta va albatta, zaif, xom. Hatto to‘ppa-to‘g‘ri so‘zni ham dudilib, yamlab, anglashilmas qilib aytadurg‘anlarimiz bor. Bu ko‘b tomoshalarning (tiyotru tomoshasining asosan so‘z ustig‘a qurulg‘anini e’tiborga olsak) tomoshachig‘a tugal borib yetmasligiga; tomoshachida to‘la ta’sir hosil bo‘lmaslig‘ig‘a, tomoshaning badiiy qismini ancha pastlatishka sabab bo‘ladi. O‘zbek davlat truppasining yangilangan rahbarlari ko‘bdan beri «mana, men!» deb o‘zini ko‘rsatib kelgan bu kamchilikning daf’iga jiddiy chora topmoqlari lozim. Go‘zal va ustalarcha o‘ynag‘an akto‘r go‘zal va ustalarcha gapirishni ham bilsin. Shunday bo‘lg‘anda o‘yin bilan so‘z birlashib tomoshani to‘latadi. Ikkinchi tomondan, kontsertlarimizda hadeb cholg‘i bilan ashula va raqs gullamasdan, yaxshi, ta’sirli deklamatsiyalar ham tug‘iladi: Sh.Sulaymon o‘rtog‘imizning «minbar adabiyoti» usta ijrochilarg‘a ega bo‘ladi. U vaqtda ijtimoiy mazmun va mafhumga o‘jarlik bilan bo‘yin egadigan kuylar (ayniqsa, «maqomlar») o‘rnig‘a ijtimoiy mazmunni «jon» deb qabul qiladig‘an bir badiiy yo‘l ochiladi. Shunday bo‘lg‘anda yosh shoirlarimizning o‘tli xitoblarini ishchi-dehqon ommasiga yana olovli tillar bilan, chiraylik va singaturg‘an qilib beriladi. Bu zarur tavsiya O‘zbek davlat truppasi rahbarlarigagina xos bo‘lmasdan, Maorif komissarligimizga ham oiddur. Maorif komissarligi bu tavsiyadan ba’zi maktablarga badiiy qiroat darslari kirgizish luzumini anglasin. Mehnatkash ommasiga 2 yil orasida xos maktab ochmasdan turmush va kurash maktabida o‘tkur notiqlar va solmoq ma’ruzachilar yetkazib berdik, endi maktab va tarbiya yo‘li bilan chiraylik so‘zlarni chiraylik qilib o‘qiyturg‘an qiroatchilar, xatiblar yetkazib beraylik. «Talabalar o‘yuni» (o‘zicha) 2-iyunda shanba kuni davlat teatri binosida Ozarbayjon davlat teatri texnikumi talabalarining birinchi o‘yunlarini ko‘rish sharafiga erishdik. Kelgusida sahnamizni gullatmak uchun bu kun tubli bir bilim yurtig‘a kirib o‘qub yotqan azamatlarimiz ikki yilgina bir tahsildan so‘ng sahnada birinchi tajribalarini ko‘rsatalar. Shu uchun bu o‘yunni biz juda quvonib, yayrab tomosha qildiq. Asar va uning o‘ynalishi to‘g‘risida o‘z fikrimni aytib o‘tmakchi bo‘lg‘animda azamat yigitlarimizning hali ham ikki yoshliq talabagina ekanliklari hamma vaqt ko‘z oldimda turdi va shu nazar bilan qarab turub bu mulohazani yozdim. Asar rus adiblaridan biriniki deyilgan. Chinakam u rus talabalik turmushini ko‘rsatadi. Inqilobdan burung‘i talabalarning o‘qushdan ko‘ra ko‘prak qizlar bilan o‘ynashish va boy bo‘lish uchun chalishqanlarini, bu asar bizlarga – bu kunning odamlarig‘a bilintirib qo‘yadi. Bu jihati yaxshi, lekin akturni o‘sdirish katta bir masalani ochib berish kabi fazilatlari bo‘lmasdan yengil va bachkana bir kulgi bo‘lg‘anlig‘idan uning sahnada ko‘rilishini katta bir voqea deb bo‘lmaydi. Rus va ajnabiy turmushdan oling‘an asarlar orasida juda yaxshi asarlar bo‘lg‘ani holda bu asarning tanlanishi ko‘bda maqtalib bo‘lmayturg‘an xizmat. Xayr bu jihatini ham haligi tajriba degan nuqtasi yopib ketadi deylik… Asar «lashdirilgan» ya’ni Ozarbayjon kebatasiga kirgizilgan. Bu bizningcha yaramaydi. Har qanday bu asarning asl ruhi nuqtalarini topib o‘shalarni boshqa bir elning ruh nuqtalarig‘a to‘g‘rilab o‘ynash yaxshi. Dunyoning eng yuksak teatri bo‘lg‘an rus teatrida ajnabiy asarlarga shunday yo‘l bilan yaqinlashadilar. Asl ruh, asl javhar boyag‘iday qoldirilib yolg‘iz “ustubosh” kiygizilsa va “Tursinboy, Eshmat” kabi nomlar qo‘yulsa undan ko‘b ham yaxshi natija chiqmaydi. Bu asarda ham ismlar “Ramziy, Ilyas, Shavkatzoda” bo‘lg‘an. Lekin bashara (bet) boyag‘icha qolabergan. Muning ustiga ozarbayjonchadan o‘zbekchaga tabdili 50 parasan kam bo‘lg‘an, ya’ni 50 parasan o‘zgartirilmay qolg‘an. Shu uchun bu kungi tomoshada ikki shevaning baravar poygalashganini ko‘rdik. Bu juda qiziq bo‘lar ekan… Umud qilamizkim, kelgusida bu jihati tuzalar. Munda qiziq bir narsa bor. Asarning “lashdirilgani” bundan to‘g‘ri bo‘lmasa-da, shu safar u o‘yin uchun ko‘b hayotli chiqdi. Bu “lashdirish”dan talabalarimiz (qaytarib aytaman: talabalarimiz!) bundaylar agar ozarbayjonlashtirish bo‘lmasa o‘yun bir necha parasan muvaffaqiyatsiz chiqar edi. Chunki talabalarimizning saviya va tahsil darajalari bir emas. So‘ngra maktabda bizning talabalar hali piraktik (tajriba) yo‘lig‘a o‘tmaganlar. Shu hollar asarning muvaffaqiyatini shubhada qoldirar edi. Ayniqsa, qizlar, ular Ozarbayjon va, umuman, Sharqning uyalchan, tortinchoq va adabli qizlarini ko‘b yaxshi o‘ynadilar. Uning o‘rnig‘a sho‘x, dadil va erkin Ovrupo qizi basharalari berilsaydi. Albatta, bir yilgina maktab ko‘rgan qizlarimiz qistalab qolardilar. Men ayrim akto‘rlarning o‘yunlarig‘a to‘qtalmayman. Negakim, talabalarni chuqur tekshirib bo‘lmaydi. Bir necha og‘ir gap bilan aytib ketilmakchi bo‘ling‘anda shunigina demak lozimdirkim, hamma o‘ynag‘uchilar astoydil berilib o‘ynaydilar. Ayniqsa, yaxshi qizlarimiz birinchi martaba sahna ko‘rganlari holda ancha erkinlik ko‘rsatdilar. Burun sahna ko‘rmagan yigitlarimiz kelgusi uchun umud berdilar. Burun sahnaga chiqib kelganlari maktab ko‘rganlarini ko‘rsatdilar. Burundan bilib va tanib kelganimiz Sayfi qori shunday bir ro‘lda chiqdikim, uni tanqid qilishg‘a mahal qolmadi. Ya’ni bir erkak sufati bilan ko‘rsatgan kamchiliklarini xotinlig‘i yopadi va bir xotin sufati bilan qilg‘an xatolarini erkakligi yopadi. Lekin uning eski sahna odami ekani bilib turadi. Qadimg‘i Karim o‘z ro‘lida bo‘lmag‘ani uchun bo‘lsa kerak, o‘zini ortiqcha sezdirmadi. Umuman, o‘yun tekis o‘tdi. So‘zlar “atala til” bilan bo‘lsa-da ochiq va anglayishli qilib aytildi. So‘z oxirida bu azamat talabalarimiz va ayniqsa jur’atli umudli qizlarimizni yana bir qur olqishlab o‘tamiz. O‘zbekiston maorif xalq komissarligi bu talabalarga ham yaxshi qunt qilib qarab ularning tilaklariga javob berish lozim. Umudli talabalarimizning birinchi o‘yunlari shuni talab qiladi. «Taqsir-xo‘jayin» so‘zi yo‘qolmoqda Istibdod egasi “Nikolay” to‘ralaridan o‘zbeklarga meros qolg‘an “taqsir-xo‘jayin” so‘zlari bizning Haqqulobod rayonida yo‘qolmoqda. Atrof ijroqo‘mining oldiga ishlari tushub kelgan mehnatkashlar: Taqsir, bizning holimiz mundoq; xo‘jayin faloni mundoq zo‘rliq qildi… deb, o‘zlarining yuraklaridagi arzlarini qo‘rqub, qaltirab aytgan vaqtlarida rayijroqo‘m: “Taqsir bilan xo‘jayin deb, gapirmanglar! Qo‘rqmasdan, qaltiramasdan so‘zlaringni ayta beringlar! deb, arzini ishlatmasdan burun tashviqot yurguzmoqda. Va ham bo‘lus ijroqo‘m, qishloq ijroqo‘mlari orqali xalqqa “taqsir-xo‘jayin” so‘zlarining oradan ko‘tarilishi uchun tashviqotlar qilmoqda. Mana shuning uchun bu xilda chor hukumatning vaqtida davr surub, o‘zbeklar orasida odat bo‘lub kelgan “taqsir-xo‘jayin” so‘zlari o‘z mahalliy hukumatlarimiz tarafidan mana shu xilda qilib yo‘qotilsa shoyon taqdir bo‘lur ekan! «Uzun quloq bobo» to‘g‘risida Boshqarmaga xat «UZUN QULOQ BOBO» TO‘G‘RISIDA Mening «Uzun quloq bobo» nomliq 2 pardalik kulgi asarimni oqqa ko‘churub o‘zbek truppasiga topshirmoq sharti bilan mazkur truppaning eng muqtadir bir artisti olg‘on edi. Hozir shul asarning mazkur artist qo‘lida borlig‘i shubhalik bo‘lub qoldi. Eshitganimga ko‘ra, bechora asarim Samarqand san’at havaskorlariga «tortuq» qilinib, berib yuborilg‘on emish. Shuning uchun gazeta orqali eshitdirmakchi bo‘lamankim, butun haq va huquq o‘zimda bo‘lg‘on ul asar qayda bo‘lsa ham bosdirilsa yoki sahnaga qo‘yulsa, shunga aloqalik kishilarni hukmga tortg‘umdir. «Yana uylanaman» — Yusufjon akam sahnada! — Mashhur qizig‘imiz Yusufjon aka Moskvaga kelibdirda biror sahnada qiziqliq qilibdir. 1923 yilda bo‘lib o‘tkan butun ittifoq dehqonchiliq ko‘rgazmasiga araloshqon Yusufjon akam o‘shanda Maskav sahnasiga (to‘g‘risi: maydoniga) bir qur chiqqon edi. Demak, bu yangilik bo‘lmaydi. Yangilik shundadirkim, bu choqqacha qiziq sifatida sahna va maydonlarga chiqib kelgan Yusufjon aka, bu yil Maskav sahnasiga (sahnasiga!) muharrir, yozg‘uvchi, foje’anavis sifatida chiqdi. Bu kungi suhbatimiz ana o‘sha to‘g‘risida. Yusufjon akamning har qayerda necha yillardan beri aytib kelgan bir kulgi hikoyasi bor. Unda, bir imom domlaning — nomoz vaqtida g‘alati hiyla qilib mahalladan ikki yillik haqqini undirib olg‘onlig‘i aytiladi. Yusufjon akaning so‘zlashida bir necha og‘izdan oshmag‘on bu hikoya, mazmun va mavzui jihatidan qiziq va boydir. Bu hikoyaning «avji joyi» g‘alati bir «qo‘rqinch» (tryuk)ni ko‘rsatadi. Rejani yaxshi chizib, uni bir adabiy hikoyaga aylantirganda go‘zal narsa chiqar edi. Men shunday qilarman deb o‘ylab yurar edim. Shu yilgi o‘qish mavsumida Maskav dram istudiyasi, mashhur Meyerxuld teatri akturlaridan o‘rtoq Sverdlinga, bir mustaqil asarning «tuzma» (postanovka (Ch.) sini topshirmoqchi bo‘ldi. Tarjima asarlar yetarli bo‘lmog‘onlig‘idan asl (original) asar qo‘ymoqchi edilar. O‘rtoq Sverdlin, istudiyaning ko‘rsatishi bo‘yincha, menga yo‘liqdi. Men unga Yusufjon akam hikoyasining qisqag‘ina mazmunini aytib berib edim, ma’qul bo‘ldi va boshi-ketiga ko‘rinishlar qo‘shib tezlik bilan yozib berishga buyurdi. Ana shu bilan «Yana uylanaman!» degan — 3 parda 7 ko‘rinishli asar maydonga chiqdi. Shu yil aprsl oyida o‘sha asar Maskavda ko‘pchilikka ko‘rsatildi. Butun nttifoq sho‘rolar qurultoyig‘a kelgan qiymatli vakillarimiz ham kerakli bo‘laklarini ko‘rdilar. Kelgusi qish mansumida asar O‘zbekiston poytaxtida ko‘rsatilsa kerak. Asarning «katta mashqi» (general repetitsiyasi)ni ko‘rgan o‘rtoq Fevralskiy (markaziy «Pravda» gazetasining teatrshunos muharriri) «Pravda»ning 92 nchi sonida uning tuzmasi to‘g‘risida mana bunday deydi: tuzmachi L. Sverdlin, ispektaklda Ovrupo va o‘zbek teatrchiligidagi unsurlarni birga to‘plag‘on. Ya’ni: bir tomondan Sharqqa xos qiziq harakatlar bergan, ispektaklni raqs, ashula va cholg‘ilar (tanbur, dutor, childirma, nog‘ora, karnay va boshqalar) bilan to‘lg‘izg‘on: ikkinchi tomondan Sharq xalqining o‘ltirib gaplasha berishdagi «zerikdirish» ta’sirlaridan ispektaklni qutqarg‘on. Lekin, gaplasha berish va sekin qimirlashdan qochilg‘on vaqtda albatta, juda ihtiyot bilan qochilg‘on: Sharqqa xos u ahvolning tasvirlari xali ham ispektaklda bor. O‘rtoq Sverdlin, o‘zbek turmushi bilan oshnalig‘i orqasida, turmushning eng qiziq onlaridan bir necha parchalar ko‘rsatkan (machit oldidag‘i ko‘cha, boyni hadim qilish, to‘y kabi), so‘ngra yoshlarni eski urflardan yiroqlasha borg‘onini kesatib o‘tkan. Ispektakl, rejissurliq jihatidan qarag‘onda, eslilik bilan, qiziq qilinib va shu bilan birga ko‘pchilikka onglashilarliq ravishda qo‘yilg‘on. Sahnaning yasalishi shartli (uslovno) va sodda (hammasi bo‘lib 130 so‘m ketgan)». O‘rtoq Fevralskiy, ispektaklga aralashqon akturlarga ayrim-ayrim to‘qtamasdan, umumiy suratda mana bu bir necha og‘iz gapni aytib o‘tadi: «Yosh akturlar juda qiziqib o‘ynaydirlar; zo‘r qobiliyatlari bo‘lg‘on bir necha akturlarni ko‘rgandan keyin, Sharqning xalq ommalari orasida qanday boy artistlik kuchlari bo‘lg‘onlig‘ini ko‘rasan». O‘zbekistonda sahna ko‘rmasdan turib, asar va uning tizmasi to‘g‘risida bundan ortiq gapirib bo‘lmaydi. Bu yerda shunigina aytib o‘tish lozimdirkim, o‘zbek teatri — hali yosh va bola bo‘lishig‘a qaramasdan — turli teatr maslaklari bilan amaliy tanishishda keng yo‘l bilan bormoqdadir. Maskav, dram istudiyasi, bu yerning teatr olamiga g‘alvalar solg‘on bir g‘alati oqim — Meyerxuld oqimini — o‘z turmushig‘a olib ko‘rsatmak bilan, qiziq bir tajriba yasaydi. U oqimning bizdagi yo‘qsullar ommasiga qanday ta’sir qilish, yoqib-yoqmaslig‘i, shu yil qishda anglashiladirg‘on «sirlar»dan. Qo‘klam keldi, yoz navbatda. Istudiya o‘ktabrning o‘n yilliq to‘yida chinakam sahna ko‘radurg‘on bu asarining «mirzosi» (muharriri demayman!) Yusufjon akaga, tuzmachi Sverdlinga, rejissur-ko‘makchi Lutfulla, cholg‘i rahbari Miro‘nuf, suratchi Yefiminko o‘rtoqlarg‘a o‘zining minnatdorchilig‘ini bildiradi. «Yoriltosh» Andijonda, 18 nchi iyunda Farg‘ona viloyat davlat truppasi tomonidan yosh yozuvchimiz Rafiqning xalq ertakidan olinib yozilg‘an 4 pardali “Yoriltosh” ismli o‘perettasi o‘ynaldi. “Yoriltosh” xalqimiz og‘zida ko‘bdan beri sevilib aytilib kelmakda bo‘lg‘an mashhur “Yoriltosh” ertagi – afsonasidir. Rafiq uni muayyan bir usulga – yo‘lgan solib, o‘zidan ba’zi bir mungli kuylar qo‘shqan. Tiyotru qishliq binoda bo‘lsa ham xalq kutkandagidan ko‘b edi. Xalq issiqqa qaramay o‘zining ruhiga yaqin, zavqig‘a, xayolig‘a oshno bo‘lg‘an bir yangi pyesa asarni juda oshiqib ortiq bir rag‘bat bilan eshitdi. O‘ynag‘uchilarning ko‘bisi zararsizgina o‘ynadi. Faqat “Gulxan” ro‘lida o‘ynag‘an tutash o‘zbakcha ohanglarni buzubroq, yo‘g‘on ovoz bilan kuyladi. Bizningcha shu “Gulxan” ro‘zlini uning onasi ro‘lini o‘ynag‘an tutashga berilganda tag‘in-da yaxshiroq bo‘lg‘an bo‘lur edi. Farg‘ona viloyat davlat truppasi yana ham o‘z vazifasiga keragicha ahamiyat berib shunday yaxshi asarlarni mukammalroq chiqarib ko‘prak qo‘yishqa urunsa, juda yaxshi bo‘lur edi. Xalq tiyotrudan xursand bo‘lub “Yasha qo‘qonliq azamatlar!” deb shodliq bilan tarqaldi. Aldanish Besh yillik yonishim bir yil uchunmi? Erkalab o‘tguvchi bir yel uchunmi? Ko‘zimga ko‘ringan sarobmi edi? Men shunga aldanib tog‘larmi oshdim? Sevgimning bog‘chasi xarobmi edi? Shu bog‘cha ichida yo‘lmi adashdim? Ko‘zimni o‘ragan kiprikmi edi Yoki ko‘k tusida pardami edi? Ko‘ngil shu choqqacha tirikmi edi, Jonim ko‘klardami, tandami edi? Qo‘limni tegizdim…. Odam edi-ku! Ko‘zimda o‘ynagan bir nur edi-ku! Sezgim-da sog‘, tetik, bardam edi-ku, Bo‘ynimga qo‘l solgan bir hur edi-ku! Nega men sezmadim? O‘t emasmidi? Shu o‘t ichidagi men emasmidim? Ka’bamga osilgan but emasmidi? Butni «tangri» degan men emasmidim? Men uni xayoliy, totli bir sevish, Ilohiy bir muhabbat, ishq bilan sevdim. Besh yil!.. Shuning uchun besh yil anglayish, Yonish, kuyishlarim… oh, endi bildim. Oh, endi bildimkim, barchasi xayol, Barchasi bir totli, rohat tush ekan! Ket, yo‘qol ko‘zimdan, haqiqat, yo‘qol, Bag‘rimga botmoqda og‘uli tikan! Chindan-da men bukun yolg‘izmi qoldim? Chindan-da u o‘tli sevgi bitdimi? Chindan-da turmushdan og‘izmi oldim? Chindan-da umidim butkul ketdimi? Chindan-da ko‘nglimda sevgi o‘tlari Cho‘g‘siz o‘chib qolgan shamdek o‘chdimi? Chindan-da ka’bamning sanam, butlari Kul-parcha bo‘ldimi, butkul ko‘chdimi? Chindan-da men bukun sevmasmi bo‘ldim? Chindan-da muhabbat o‘timi so‘ndi? Chindan-da men bukun tikanmi yuldim? Ko‘nglim bu aldanishga, oh, qanday ko‘ndi? Sevgimning yashashi bir yilmi edi? «G‘uv» etib o‘tguvchi bir yelmi edi? 1922-yil Amalning oʻlimi Ko‘nglimda yig‘lagan malaklar kimlar? Sharqning onalari, juvonlarimi? Qarshimda inglagan bu jonlar kimlar? Qullar o‘lkasining insonlarimi? Na uchun ularning tovushlarida O‘tgan asrlarning ohangi yig‘lar? Na uchun yozmishning o‘ynashlarida Har yurish ko‘nglimni nishtardek tig‘lar? Kenglik xayollari uchdimi ko‘kka? Butun umidlarni yovlarmi ko‘mdi? Mangu tutqunlikka kirdimi o‘lka? Xayolda porlagan shamlarmi so‘ndi? Kechaning jon olgich qorong‘iligi Najot yulduzini xayolmi bildi? Shuncha tutqunlarning haqqi, haqligi Bir hovuch tuproqqa qurbonmi bo‘ldi? Ohimning o‘tidan chiqqan shu’lalar Sharqning ko‘kragida bir joy topmasmi? Ko‘ksimdan qisilib chiqqan na’ralar Uxlagan dillarga siljib oqmasmi? Har kecha ko‘klarda o‘ynagan yulduz Aytar edi menga: «Erklik yulduzi – Tutqin yellar uchun samo qunduzi, Ko‘ngilda qolgusi uning bir izi». U bir iz ko‘zimning nurlaridan ham Yuksakdir, men uni o‘pmak istayman, Agar topilmasa, bu yurtlardan ham Ko‘chib yiroqlarga ketmoq istayman. Yig‘lagan, inglagan amal qizimi? Ko‘kdagi yulduzlar uning izimi? 1921 yil Binafsha Binafsha senmisan, binafsha senmi, Ko'chada aqchaga sotilgan. Binafsha menmanmi? binafsha menmi, Sevgingga, qayg'ungga tutilgan? Binafsha, nimaga bir ozroq ochilmay, Bir erkin kulmasdan uzilding? Binafsha, nimaga hidlaring sochilmay, Yerlarga egilding, cho'zilding? Binafsha, Ayt menga, Kimlardir ularkim, Ignani bag'ringga sanchalar? Binafsha, Bir so'yla, U qanday qo'llarkim, Uzalar, hidlaylar, yancharlar? Binafsha, shunchalik chiroyli yuzing bor, Nimaga uzoqroq kulmaysan? Binafsha, shunchalik tortg'uvchi tusing bor, Ko'nglimga isriqlik to'kmaysan? Binafsha, yig'lama, binafsha, kel beri, Qayg'ingni qayg'umga qo'shgil. Binafsha, sen uchun ko'kragim erk eri, Bu erdan ko'klarga uchgil. Binafsha, go'zalim, qayg'ulim, kelmaysan, Qayg'ung zo'r, qayg'umni bilmaysan, Menga bir kulmaysan. 1922-yil Bitdi Ber qo‘lingni, shu titragan qo‘lim bilan so‘ng daf’a Bir qisayin, so‘ngra ortiq u qo‘llarga tegmoq yo‘q. Ko‘zlaringni so‘ng martaba tushir xira ko‘zimga, Ko‘kragimga kirpiklaring so‘ng martaba otsin o‘q. Ko‘kimizda hanuz o‘chmay qarab turgan yulduzning Ko‘r yuzini, ayriliqning ko‘zi bilan sarg‘aygan. Sen ketasan, yulduz o‘char, yolg‘izlikda tashlangan O‘ksigingga hayot bermas yog‘dulari kunduzning. Ber qo‘lingni so‘ng martaba yolg‘iz qolgan o‘ksikka, Ot o‘qingni so‘ng martaba alam kutgan ko‘ksimga!.. 1922-yil Bokuga Sharq qurultoyiga ketkanda Yolimizda choʻllar, suvlar, dengizlar, Bosuvchisin tanib boʻlmaslik izlar, Shul izlarni bosib, dengizlar kechib, Buyuk amal bilan boramiz bozlar! Yurakdagi saqlab borgan amallar, Yoʻllardagi dengizlardan ulugʻroq; Ezilganlar tilak tilar bu yoʻli Avvalgidan toʻlugʻroq. Mahkam qilib bogʻlanilgan kamarlar… Sharqning eski chigalini yechaylik. 1920 yil, 10 Avgust, Toshkent. Buzilgan Oʻlkaga Ey, togʻlari koʻklarga salom beran zoʻr oʻlka, Nega sening boshingda quyuq bulut koʻlanka? Uchmoxlarning kavsaridek pokiza, Sadaflarning donasidek top-toza Salqin suvlar togʻdan quyi tusharkan, Tomchilari yomgʻir kabi ucharkan, Nima uchun yigʻlar kabi ingraylar? Yov bormi, deb toʻrt tarafni tinglaylar? Tabiatning oʻtini yoʻq oʻtida, Sharaq-sharaq qaynab chiqqan buloqlar Har qorongʻi, qoʻrqinch tunning betida Shifo istab kelmasin der, qoʻnoqlar. -Bu nega? Ayt menga. Koʻm-koʻk, goʻzal oʻtloqlaring bosilgʻon, Ustlarida na poda bor, na yilqi, Podachilar qaysi dorgʻa osilgʻon? Ot kishnashi, qoʻy maʼrashi oʻrniga -Oh, yigʻi, Bu nega? Tumorchalar xamoyillar taqingan, Dalalarda lola bargi yopingan, Togʻ-toshlarda oʻyin qilgan, Chopingan Goʻzal qizlar, yosh kelinlar qayerda? Javob yoʻqmi koʻklardan-da, yerdan-da, Xarob boʻlgan eldan-da. Ot minganda, qushlar kabi uchguvchi, Erkin-erkin havolarni quchgʻuvchi, Ot chopganda, uchar qushni tutquvchi, Uchar qushday yosh yigitlar qayerda? Togʻ egasi – sor burgutlar qayerda? Sening qattiq sir – bagʻringni koʻp yillardir ezganlar, Sen bezsang-da, qargʻasang-da, koʻkragingda kezganlar. Sening erkin tuprogʻingda hech haqi yoʻq xoʻjalar, Nega seni bir qul kabi qizgʻanmasdan yanchalar? Nega sening qalin tovshing „ket“ demaydi ularga? Nega sening erkli koʻngling erk bermaydi qullarga? Nega tagʻin tanlaringda qamchilarning kulishi? Nega sening turmushingda umidlarning oʻlishi? Nega yolgʻiz qon boʻlmishdir ulushing? Nega buncha umidsizdir turishing? Nima uchun koʻzlaringda tutashguvchi olov yoʻq? Nima uchun tunlaringda boʻrilarning qorni toʻq? Nima uchun gʻazabingni uygʻotmaydir ogʻu-oʻq? Nima uchun borligʻingda bu daraja buzgʻunlik? Nima uchun oʻch buluti sellarini yogʻdirmas? Nima uchun kuch tangrisi bor kuchi-la soldirmas? Kel, men senga qisqagina doston oʻqiy, Qulogʻingga oʻtganlardan ertak toʻqiy. Kel, koʻzingning yoshlarini surib olay Kel, yarali tanlaringni koʻrib olay, toʻyib olay. Nima uchun agʻdarilgan, yiqilgan Ogʻir toyning zahar oʻqi koʻksingda? Nima uchun yovlaringni bir zamon Yoʻq qilgʻunday temirli oʻch yoʻq senda? Ey, har turli qulliklarni sigʻdirmagan hur oʻlka, Nega sening boʻgʻizingni boʻgʻib turar koʻlanka? 1921 Erkinlik istagi Erkin ko‘nglim chiday olmas bu siqiq, Bu bog‘langan, bu «egalik» turmushda. Agar shunday ketaversa, bu aniq: Tilak uchun qila olmas bir ish-da. Shuncha chog‘lar chidab kelgan ko‘nglimga Bu kungina o‘z chizig‘i tor keldi. Go‘yo uning qo‘l tegmagan bo‘yniga Ip bog‘lanib, juda qattiq tortildi. U intilib, u urinib yotadir Tor qafasdan qutqargali o‘zini. Tevarakka achchiq qarg‘ish otadir, Bilmadimki, qon bosganmi ko‘zini? Bundan burun ul ko‘p og‘ir tinlarni Chidam bilan, tinchlik bilan o‘tkardi. Qarshisida avrab turgan jinlarni Ko‘ra turib qo‘ramadi, ketkardi. Shuning uchun tubanlarning tubani, Yovuz, buzuq kishilar ham erkincha Talarlardi, emarlardi-da – uni So‘karlardi orqasidan er-kecha. U qanday tor, qanday siqiq yerlarda, Qanday buzuq chiziqlarda bo‘lmadi? U qanday hur, qanday tuban erlarda – Qilini ham qimirlatmay turmadi? Endi ul ham tor chiziqdan bezgandir, Qaytib unga kirishlikni istamas. U ma’nosiz «egaliklar» ezgandir, Ular bilan bir tin bo‘lsin – turolmas! U erkinlik, o‘zboshlilik istaydir, Ketga qarab – o‘lim bo‘lsin – ketmaydir!.. 1922-yil Geliyorsun Geliyorsung dag’, tepeler asharaq, Geliyorsung su, dengizler gecherek, Geliyorsung amaline-qosharaq, Geliyorsung o’z yolingi secherek. Choqdan beri so’nmish olan guneshing Tepelerin yeng bashindan go’rundi, Choqdan beri yuz do’ndurmish mexveshing Emelinging nurlarina burundi. Her safxasi alchalmani yazarak, Sening uchun qan ag’layan tarixing, U yollari xayalile bozarak Yazmadadir parlayishin yarning. “Sharq go’zeli” deye g’arbi yandiran Kara sachli, kara go’zli u sening Go’zel qizing, o’lumleri andiran Chexresile ag’liyordu: Ben onung Goz yashlari arasinda batiyor, Bog’uluyor o’luyordum… Gelmiyor Gelmiyordi imdadima xech kishi Kesilmishdi sanki jaxan nefesi. Dag’, tepeler, aship yevet sen gelding Ben de shimdi aliyorum geng nefes; Sen de zaten ruxen esir degilding, Yalgiz sening vujudunu kisardi Alchak g’arbing geydirdigi dar kafes… Vujudunga pek dardi. Geliyorsun dag’, tepeler asharak, Geliyorsun cho’l, saxrolar gecherek Bekliyorum ben de xayat icherek, Yullarina gul laleler sacharak, Kuchag’imi acharak! Xararetli, selamimi kabul et Xurmetimi butun Sharka takdim et! Goʻzal Qorongʻu kechada koʻkka koʻz tikib, Eng yorugʻ yulduzdan seni soʻraymen. Ul yulduz uyalib, boshini bukib, Aytadir: „Men uni tushda koʻramen. Tushimda koʻramen, shunchalar goʻzal, Bizdan-da goʻzaldir, oydan-da goʻzal!..“ Koʻzimni olamen oy chiqqan yoqqa, Boshlayman oydan-da seni soʻrmoqqa, Ul-da aytadirki: „Qizil yanoqqa Uchradim tushimda, koʻmilgan oqqa. Oqqa koʻmilganda shunchalar goʻzal, Mendan-da goʻzaldir, kundan-da goʻzal!..“ Erta tong shamoli sochlarin yozib, Yonimdan oʻtganda soʻrab koʻramen. Aytadir: „Bir koʻrib, yoʻlimdan ozib, Togʻu toshlar ichra istab yuramen! Bir koʻrdim men uni – shunchalar goʻzal, Oydan-da goʻzaldir, kundan-da goʻzal!..“ Ul ketgach kun chiqar yorugʻliq sochib, Undan-da soʻrayman sening toʻgʻringda. Ul-da uyatidan bekinib, qochib, Aytadir: „Bir koʻrdim, tushdamas oʻngda. Men oʻngda koʻrganda shunchalar goʻzal, Oydan-da goʻzaldir… mendan-da goʻzal!..“ Men yoʻqsil na boʻlub uni suyibmen?! Uning-chun yonibmen, yonib-kuyubmen. Boshimni zoʻr ishga berib qoʻyubmen, Men suyub…men suyub…kimni suyubmen? Men suygan „suyukli“ shunchalar goʻzal, Oydan-da goʻzaldir, kundan-da goʻzal!" 1919 Ishq Ilk evvel goʻzimi ishq ila ochdim, Ishqing meydanina qanimi sachdim. Ishqsiz oʻlkalerden u endi qochdim, Ne zamon bogʻladim zunnore ishqi. Ishq deya ayrildim dindan, imandan, Anglamam hech bir sey joy insof, vijdondan. Ishka sajda etdim, boʻldim u ondan, Ne zamon qatl etdim kuffor-i ishqi. Jannat benim uchun quruq sahrodir, Ishqning sahrosi, kim banga maʼvodir. Aksini sen banga ne qadar qondir. Qonmam, chunki bildim gulzor-i ishqi. Ishqing meydoninda bir pexlivanim, Bir maxshar qoʻparur har damda qonim, Na buyuk benim, baq, ishqqa imonim, Yera diz choʻtirdim jabbar-i ishq. Ben ishqing mulkiga yagona hoqon, Banga boʻyin egar bil jumla-i sulton. Inanir oʻrduma shuyla bir boqqan, Koʻr nija saf bista ashkor ishqi. Soʻylarkan dillarim na yomon, Yozarkan qalamim na hazin agʻlar, Soddadil bunlardan na maʼni anglar, Bilmas kuch oʻldugʻi is’hor-i ishqi. 1922 yil. Ishq yo’li Sabrning kosasi to‘lgandir, Bu og‘ir ayriliq to‘ydirgan, Oh, qancha azoblar bo‘lgandir, Go‘zalim, xabaring bo‘lmagan! Och, axir, ochgilkim ko‘ksingni, Bir nafas o‘zimni unutay. Unutmoq butunlay «o‘zlik»ni, Oh, shundan najotni men topay. Kechalar, kechalar… oh, sensiz va oysiz. Bir kecha menga xuddi bir yildir. Qaytarib aytalar: «Kechalar – ro‘yosiz, Oldingda…» ko‘p og‘ir bir yo‘ldir! Ey darvesh, bu yo‘lda birgina yo‘lchi – sen, Ketaver, bir kuni so‘ngiga yetarsen!.. Ket Ket, ko‘zimni aldaguvchi xoin nur, Ket, olovli chizig‘imdan nari yur! Ket, zaharli qizg‘aldoqni irg‘itma, Ko‘nglimdagi so‘ng umidni yo‘q etma! Ket, ilohiy vijdonimni bulg‘ama, Butlar bilan tegaramni chulg‘ama. Ket, ey to‘qqiz pari ko‘zli qora qush, Yiqiq bo‘lgan ko‘kragimdan chetda uch! Ket, sevgimning ulug‘ yovi, ko‘rinma, La’nat sochib, yonlarimda yurinma. Eski do‘stlar yo‘l adashib o‘ldilar, Yangi do‘stlar buning uchun kuldilar. Yangi yo‘lga oyoq bosmay to‘xtasam, Bu yo‘llarda qutilishlik yo‘q desam, Sen ul chog‘da qaysi yo‘lga solarding? Falokatdan qanday tortib olarding? «Un»ing qo‘pol… qiynaguvchi qilig‘ing, Ket, mangulik yo‘qqa ko‘chsin borlig‘ing! Ket, malaklar dostonini o‘qima, Ket, aslsiz ertaklarni to‘qima! Ket, sevgili ko‘kragimga tinchlik ber, Ket, sening-chun quchoq ochgan qora yer. Ket, jonimni qiynaguvchi jodu – hur, Ket, ko‘nglimni aldaguvchi yolg‘on nur! 1922-yil Ketding Yo‘ldoshim, zim-ziyo bo‘lding-da, ketding, Bor eding – yo‘qolding, o‘lding-da, ketding, Gul eding, ochilmay so‘lding-da, ketding, Yo‘qlik dengiziga to‘lding-da, ketding. Qichqirib orqangdan yugurdim, chopdim, G‘ariblar mozorin istadim, topdim, Ko‘ray deb so‘ng chog‘da telmurib boqdim, Sen esang yuzingni burding-da, ketding. Elingning tilagi yetimmi qoldi? Boshiga qayg‘uni o‘limmi soldi? Joningni tangrisi sevibmi oldi? Aytmading, og‘zingni yumding-da, ketding. Bog‘changga yosh qo‘llar ekalar gullar, Ochilmoq istaylar lola, sunbullar, Borliq kuylarini kuylar bulbullar, Sen bo‘lsa yo‘qlikka urding-da, ketding, Ko‘karmay, yasharmay, qurding-da, ketding!.. 1920–yil Koʻklam Qaygʻusi Ey qorong‘u uzun qishning xayoli, Ko‘klam chog‘i ko‘zlarimda o‘ynama! Ayriliqning chidab bo‘lmas maloli, Ko‘kat, maysa yuzlarida qaynama! Bir oz… bir oz ko‘ngil beray ko‘klamda Shaftolining go‘zal, qizil yuziga. Bir oz… bir oz aldanayin ko‘nglimda Bosh chiqargan yigitlikning so‘ziga. Qarshimdagi kulib turgan yumshoq qiz Ko‘m-ko‘k maysa o‘rtasida bir guldir. Ko‘p yig‘ladim… yoshlarimni qator chiz Va qarshimda go‘zal qizni bir kuldir! Ko‘klam chog‘i sayroq bulbul sayramas, Ne uchunkim tanburimning tili yo‘q. U go‘zal qiz chin qarash-la qaramas, Ne uchunkim umidimning yo‘li yo‘q. Tillarimda har ko‘klamning qo‘shig‘i, Yuragimda har go‘zalning sevgisi, Ko‘zlarimda har qayg‘udan bir yig‘i, Yuzlarimda aldanishning belgisi… Yolg‘iz menmi ko‘klam chog‘i yig‘lagan? Yolg‘iz menmi har umidda aldangan? Yolg‘iz menmi ko‘kragini tig‘lagan? Yolg‘iz menmi sevinch bilan bo‘lmagan? Ey ko‘klamning ko‘z tortguvchi kelini, Nima uchun yig‘latasan bir meni?..Qo‘yliq. 1922-yil Kulmak istading Na uchun kulmak istading, go‘zalim? Yo‘qsa, so‘lmoqdi lablaringning ishi… Na uchun tishlaringni berkinishi Bu yo‘li bitmak istadi, malagim? Senki kulmak bilan vujudimni Ba’zida sevgiga ko‘mar erding. So‘ngra birdan yana cho‘kar erding Eski, behuda, keng xayollaringga. Ol qo‘limni bir oz-da qo‘llaringga, Ko‘kka behuda qo‘yma dudimni! Sevgi – dard, sevguvchi-da – bir tentak. Sen-da tentakdan e’tiroz etasan. Qochasan, oh, faqat adash ketasan. Istaging bormikim, borib yetasan? Qayda bo‘lsang-da, g‘irt bo‘g‘ar sevmak, Sevgidan qochmoq istasang, go‘zalim, Tashla, behuda o‘ydir ul, azalim. Menga bir kulmak istading, malagim. Kulki, kulsin kulolmagan tilagim!.. Buxoro (Harbiy xastaxona). 1922, 4–yanvar Kurash Baqirguvchi, o‘kirguvchi bir tovush Botirlarning jon so‘ragan tovshidir. Yiqitguvchi, ag‘darguvchi qo‘zg‘alish Yaqindagi zo‘r kurashning boshidir. Tentaklardek borar yerin bilolmay, Unda-bunda o‘zni urgan dushmandir. Keng yurakda tura olmay, sig‘olmay Toshib ketgan yo‘qsildagi imondir. Ulug‘, qattiq ag‘darguvchi bir kurash, Yo bor bo‘lish, yo yo‘q bo‘lish: – Yo‘q yarash!.. Toshkent. 1921, 8-mart Mahmudxo‘ja Behbudiy xotirasi Belgisiz qabringni qora tunlarda Amalimning shamin yoqib izladim. Qizil va pok qoning islarin sochgach, Kuchsiz ko‘yi yurishimni tezladim. Amalimning yulduzikim ko‘z tikdi Qora, jirkanch o‘lim koni yerlarga. Savol berdim: «Yo‘qotganim qayda?» – deb O‘zimni ham yutmoq bo‘lgan erlarga. Qo‘lindagi tutam-tutam gulini Qabring topib, sochmoq uchun tirishdi. Gul o‘rniga zahar tilar muhitda Uning qilgan bu ishlari bo‘sh ishdi. Men-da ojiz – u muhitning oldida – Qabring topib ko‘z yoshimni to‘kmakka Hamda achchiq hiddatim-la ul yerda Oq kallalik qora devni so‘kmakka. Shuning uchun yulduz kabi yarqirab, Elda qolgan isming bilan turaman. Shul ismni eslab, chizgan yo‘lingdan Yiroq ketmay, qimirlamay yuraman. Aziz otam, qo‘limdagi gullarning Motam guli ekanini bilmaysan. Shodlik guli ko‘pdan beri so‘lganin Yer ostida pok ruhing-la sezmaysan. Ana, sochdim qalbimdagi gullarni, Termak uchun chaqiraman qullarni… 1920-yil Mastlikda May bu kun shishadan toshib chiqmishdir, Uning bir tomchisi yerga tushmasin. Uni xayolimiz amal demishdir, Amallar majlisdan chetga ko‘chmasin. Maylar shishalarda qo‘shiqlar aytib, Bizning iydimizni qutlab turadir. Mayning ko‘piklari ming qatla qaytib, Majlis lazzatini so‘zlab turadir. Mayning atrofinda eski o‘rtoqlar, Yig‘ilib o‘ltirib, suhbat qilalar, Majlis shodligini ko‘rib «oppoqlar» Hurmat yuzasidan salom beralar. Mayning ko‘piklari tutqun o‘g‘lini Qayg‘u chog‘larida yupatib tursin. Mastlikda o‘rganib o‘ng va so‘lini O‘ksik bolalari u yo‘ldan yursin. Mayning ko‘piklari ko‘zning qorasi, Mastlar o‘lsalar-da, «eslik» qolg‘usi. Men shoirmi «Tarjimayi holim»ga Xayolim bir uchib ketib qoladir, Men ham tizginini qo’yib beraman. Zotan, qandoq qilib tutib turaman? Eng nozik qilimga tegib qoladir. Uchadir... uchadir... ming qabat ko’kni Bir boshdan siypalab o’ta beradir. Zerikmay, erinmay keta beradir, Ba’zan hovliqtirib jinni yurakni... Ko’lanka kabidir, o’tgan yeridan So’ngra qarasangiz, bir nishon qolmas. Yurgan yerlaridan oziq ham olmas, Shunda zerikaman uning sayridan... Bir zamon bir shirin joyga yetganda, Nariga o’tmasdan to’xtab qoladir, Oshiqdek yastanib, yotib oladir... Shu choqda qiynalish boshlanar menda. Chunki xayolimning ko’zlari bilan Bir go’zal holatni ko’rib turaman, Lazzatga g’arq bolib, o’lib turaman. U holni borliqning so’zlari bilan. Anglatish qo’limdan kelmay qoladir, Shu choqda tillarim qaldirab ketib, Borlig’im yo’qlikka g’ildirab ketib Demakki: «Boshqalar bilmay qoladir Shunday go’zallikni! Attang agar men, Rassom bo’lsam edi, chizib berardim. O’xshash nusxa bilan yozib berardim. Shu ojiz holimda shoirmanmi men?. . » Shoirlik menda bir soyami, deyman, Har bir tushunchamni yoza olmagach, Rassomdek xayolga chiza olmagach, Haqir borlig’imga ko‘p afsus yeyman... Xayolim yuksakdan tushib ketadir, Shoirlik chang bo’lib uchib ketadir... 1923 Nimaning hidi Bilmayman: bu hidlar nimaning hidi? Ruhim hidlash bilan anglagan edi!.. Mav’ud jannatlarning eng go‘zali-da, Eng go‘zal malika atirlar sochdi, Ko‘klarning eng nozli o‘ynoq parisi Atir qutisining og‘zini ochdi. Ko‘ngilni muloyim qitiqlaguvchi, O‘zida bir turli sir saqlaguvchi, Bu hiddirkim, horg‘in, charchagan dilga Yangi umid, toza quvvat berguvchi… Muhabbat bulbuli berildi tilga! Uzilib-uzilib yig‘lagan ko‘ngil, Azaldan yumshoqlik ko‘rmagan ko‘ngil, Gullik bog‘chalarda yurmagan ko‘ngil, O‘zini gullarga urmagan ko‘ngil Azal malagidan bir hid hidladi, Esirdi, yiqildi, o‘zi bilmadi… Hidsiz tilaklarning totli umidi Sonsiz havaslarni ko‘nglimga soldi, Oppoq malikaning tarqatgan hidi Tanimni, jonimni, ruhimni oldi! Eng totli havaslar sunguvchi hidni Ruhim hidlash bilan anglagan edi!.. Oppoq oy Quchog‘ingda qaltirayman, titrayman, Ortiq sendan bezdi ko‘nglim, «oppoq oy». Yo‘lni ochsang, endi bundan ketaman, Ko‘klam yaqin kelgan deylar, bir qaray! Ko‘kdan tushgan yengil oppoq parlardan Qudrat qo‘li senga ko‘ylak to‘qiydi. Uchib kelib uzoq-yaqin yerlardan Bir to‘p qarg‘a madhiyangni o‘qiydi. «Ko‘klam yaqin!» degan so‘zni eshitib, Ko‘zlaringga zamharirdek yosh keldi. U yoshlaring jumak bo‘lib, uyushib, Osildilar… bo‘yning yerga egildi. Hovuz yuzi ikki qarich muz bo‘lgan, Yosh bolalar tiyg‘anishib o‘ynaylar. Uvshib, to‘ng‘ib masjiddagi chol o‘lgan, Yetim qolgan bolalari yig‘laylar. Jarqishloqning yo‘lida ham shaharga Qaymoq va sut keltiruvchi bir bola To‘ng‘ib o‘lgan, har kun erta saharda Shunday qilib bir necha jon yo‘qola… Quchog‘ing-da juda sovuq, «oppoq oy», Ko‘klam kelsin, bir suyunay, bir o‘ynay!.. 1922-yil Otmishlarga Ey, 60 bahodir, 60 azamat! Sizga chin koʼnguldan Olqish va hurmat! Ey, 60 azamat, 60 kurashchi! Mashina boshida Kutadi ishchi! Ey, 60 kurashchi, 60 bilimdon! Dalada kutadi Kolxozchi dehqon. Siz buyuk oʼlkada, Buyuk ishdasiz! Tarixda misli yoʼq Qurulishdasiz! Bukungi kuningiz Shonli va porloq. Ertagi kuningiz Yana shonliroq! Siz oʼqib chiqqansiz Yaratmoq uchun; Dunyoni biz tomon Qaratmoq uchun. Siz oʼqib chiqqansiz Obodlik uchun. Yashatish, yashnatish Va shodlik uchun. Sizning bilimingiz – Ish bilan birga, Sevinchlar sochadi Osmonga, yerga! Oʼshqirib kelmaydi Fabrikachi boy. Ishlaysiz ertaning Gʼamini qilmay! Ertaning ipi ham Oʼz qoʼlingizda. Oʼtilmas gʼov yoʼqdir Bu yoʼlingizda. Boringiz, bilakni Mahkam shimarib, Yorugʼlik sochingiz, Zulmatni yorib! Bilimni ish bilan Yasantiringiz! Ishni ham bilimga Xoʼp qondiringiz! Ey, 60 bilimdon, 60 injener! Ulugʼ vataningga Bilimingni ber! 1934 yil, iyun Oʻlimdan kuchli – O‘lim, sendan kuchli boshqa kuch bormi? Tarafingdan bir marhamat bo‘lganmi? – Mendan kuchli, mendan quvvatlilar bor: Mana, mendan hech qo‘rqmaylar odamlar. Oʻtli suv Zo‘r dengizning to‘lqinidir, bag‘rida Yuz yillarning qonli qo‘rqinch izi bor. Yumshoq suvdan biriktirgan og‘zida Shafqat bilmas isyonlarning so‘zi bor! Qanday mag‘rur ahmoqlarkim, tinch yerda Tot olurlar uni qarg‘ab, so‘kmoqdan. Yo‘lchi bo‘lib, yo‘lga chiqqach, bu yerda Jon berarlar dahshatidan, qo‘rqmoqdan. Qora bulut ko‘zlaridan ko‘p choqlar Hovuch-hovuch yangi kuchlar oladir. Ey tinch yerda kular yuzli o‘ynoqlar, Sizga yolg‘iz qovog‘ini soladir. Savatingiz, xurjuningiz, ko‘rdikim, Ko‘z yoshlari, qayg‘ular-la to‘lmishdir. Uchib o‘tgan yo‘lchilardan so‘rdikim, Qo‘lingizda jon yigitlar o‘lmishdir. Ko‘pirar ul, hovliqar ul, toshar ul, Go‘ringizdan na’ra tortib oshar ul!.. Toshkent. 1922, 23-mart Parcha Maqtadim, ko‘kka ko‘tardim sizni men, Endi menga sizga yetmaklik qiyin. Maqtamoqqa bir kirishgach maqtayin, To‘xtasam, so‘nggi tinimda to‘xtayin!.. 1920–yil Poʻrtana Po‘rtana qo‘zg‘aldi, po‘rtana yurdi, Po‘rtana o‘zini qirg‘oqqa urdi, Po‘rtana oldida bir kema ko‘rdi: Ichida zich odam… o‘ynatdi, surdi! Ul kuchli, ul botir, ul qo‘rqmas, yuraklik, Ul mag‘rur, kerilgan ham majnun, hovliqma; Faryod der qirg‘oqlar undan, shu tug‘rolik Shahardek kemalar unga bir «luqma»!.. Ul o‘zi qon ichar, qon olar bo‘lsa-da, Bag‘rida sevgisi kuchli. Baqirib, o‘kirib, yugurib yursa-da, Go‘zalni suyuvga o‘chli… Suv qizi: Chiroyli, sochlari qop-qora Bo‘ynidan sochilgan, tarqoq. Ko‘zlari dil tortar, yiroqdan bir qara, Ilinding… rahmsiz ul tuzoq… Ko‘zlari kiyikni ko‘r qildi, ko‘rmading, So‘zlari – bulbulni tutqun; Yuzlari oylarni botirdi, bilmading, Bulutlar ostiga qochib kirdi kun! Ana shu go‘zalni, ana shu malakni, Yo‘q yanglish… falakni Po‘rtana ko‘ksida saqlar; Yerlar sarf etar g‘ayratni, emakni Ish qilib malakni, Yo‘q… jahon, falakni Oq ko‘pik ichida oqlar! Ba’zida hisobsiz oq ko‘pik ichiga Sultondek tutqizar uni; Dam ko‘kka irg‘itib, dam tortar ko‘ksiga. Shu yo‘lda o‘ynatar qizni, Kuldirib u nurli yuzni, Suydirib u ohu ko‘zni, Qul qilib sizni ham bizni… Ko‘piklar… u oppoq sanoqsiz ko‘piklar Yulduzdek jimirlab turalar; Ko‘piklar… u kichik, chiroyli ko‘piklar Oshiqning ko‘nglidan uralar… Qichqirar, bo‘kirar – o‘kirar yo‘lbarsdek, Yugurar, sekrar, otilar devdek. Oldida hech to‘siq, hech mone qo‘ymasdek Intilar… o‘ng-so‘lin ko‘rmay!.. Ko‘tarsa boshini, ko‘klarga tegadir, Bulutlar, chaqmoqlar dahshatda; Egsa ul bo‘ynini ko‘p vaqt egadir, Suv tegin ko‘rasan vahshatda. Jonvorlar qo‘rquvda… dahshatda titraydir, Baliqlar o‘limni kutalar; Kuchligi kuchsizni yutmaydir, sitmaydir, Qo‘rquvdan og‘ular yutalar!.. Dengiz tinch, qo‘rquv yo‘q. Qiyomat uxlaydir. Po‘rtana jimjitdir – o‘yda. Shamolni po‘rtana qo‘zg‘atmay saqlaydir, Qo‘zg‘almoq degan so‘z yo‘q o‘yda… Bu mahshar, qiyomat, po‘rtana. To‘lqinlar – Hammasi yo‘qsilning ko‘nglida. Bir damda dunyoni kuydirar vulqonlar Ojizning u o‘tli dilida… O‘yna, ey to‘lqinlar, po‘rtana, dahshat sol, Qirg‘oqlar titrasin qo‘rqib; Ko‘k yuzi, yer osti tinch bo‘lsa – vahshat sol Daryodan suv tashlab, purkab! Bu menim keng ko‘nglim g‘alvani, janjalni, To‘polon, qo‘zg‘alish, chuvalash, Isyonli, to‘fonni Suyadir; shuning-chun dunyoni, jahonni, Tog‘ va tosh – Hammasin ag‘darmoq istaydir, Yonadir, kuyadir… O‘yna, ey po‘rtana, to‘xtatma, quvvat ol, Chog‘ kelgach, erinib yotma, uxlama, Bo‘lmasni yo‘qlama. Ko‘p ezgan dushmandan, Past jondan O‘chni ol, o‘chni ol, o‘ch ol!.. Toshkent. 1920, may Qalandar Ishqi Muhabbatning saroyi keng ekan, yo'lni yo'qotdim-ku, Asrlik tosh yanglig' bu xatarli yo'lda qotdim-ku. Karashma dengizin ko'rdim, na nozlik to'lqini bordir, Halokat bo'lg'usin bilmay, qulochni katta otdim-ku. Ajab dunyo ekan bu ishq dunyosi,ayo do'stlar, Bu dunyo deb, u dunyoni bahosiz pulga sotdim-ku. Uning gulzorida bulbul o'qib qon ayladi bag'rim, Ko'zimdan yoshni jo' aylab, alamlar ichra botdim-ku. Qalandardek yurib dunyoni kezdim,topmayin yorni, Yana kulbamga qayg'ular, alamlar birla qaytdim-ku. Muhabbat osmonida go'zal Cho'lpon edim, do'stlar, Quyoshning nuriga toqat qilolmay yerga botdim-ku. Boku, 1920 Qilich va qon Qilichim qinda qolmasin, chiqsin, Tig‘iga tillarim tomizsin qon. Amalim qonli tig‘ini yuvsin, Qolmasin qonni sevmagan bir jon! Qizarish Nechun qizardi yuzing qip-qizil anor yanglig‘? Dilingda o‘ynoqi bir sharpa o‘tdimi shoshilish? Ko‘zingda kuchli havaslarning izlari qolmish… Qizarmog‘ing, yo‘q esa, sirli ipgami bog‘liq? Qizarganingda labingdan-da bir tilak uchdi, Uning qanotlari ko‘nglimga g‘amli yel urdi. O‘yimni ul tilaging birga ilgari surdi Va ko‘kda bir to‘da aldamchi sevgilar quchdi… Nechun, nechun yana ko‘zlarda tomchilar o‘ynar? Nechun, nechun bu alamlarni ko‘mmadik birga? Nechun, ularni tashiylikmi so‘ng qo‘nuq – go‘rga? Nechun yuzing yana so‘lg‘in, nechun uzun o‘ylar? Labingda birgina so‘z bor, faqat deyolmaysan, Nechun, uni demakka kechmishingmi qo‘ymaydir? Nechun meni ko‘rasan, so‘zlay, inday olmaysan? Nechun sening qarashing o‘yga hech to‘yolmaydir? Bir oz… bir oz ochilib so‘zla, anglatib ber sen, Labingda mangu yopiq qolmasin u birgina so‘z. Go‘zal chechakdek ochilsin so‘nik va so‘lg‘in yuz Va men-da dardingga bir chora, bir shifo topayin. Labingda qolsa u so‘zlar, yana o‘shal qizarish, Yana ko‘nglingda haromi va o‘ynoqi sharpa, Yana so‘lish va o‘chish… mangu, doimo qarg‘ish, Bitar, ketar shu balolar… labingga jon kirsa! Nechun yuzingda qizil cho‘g‘ kabi yonish, qizarish? Yararmi menga-da bilmak: nechun, nechun bu ish?.. Buxoro (Harbiy xastaxona). 1922, 5–fevral Qizlarning daftariga Ko‘ngil, tinmas ko‘ngil, endi yetar, ko‘z tikma gullarga, Go‘zaldir, yoshdir ul gullar… faqat aldanma unlarga Ki, qizg‘anmas, ko‘ngil qo‘ymas seningdek oqko‘ngillarga… 1922-yil Qo‘zg‘alish Ey sen – meni haqir ko‘rgan, tuban degan afandi! Ey ustimda bir umrga xo‘ja bo‘lmoq istagan! Ey bo‘ynimga kishan solib, halokatga sudragan! Ko‘zlaringni zaharlatib o‘ynatmagil, bas endi! Kishanlaring zang bosgandir, sergak bo‘lkim, uzilur. Tomirimda qo‘zg‘alishning vahshiy qoni gupirdi, Eski fikr, an’analar endi butkul uzildi, Yo bitarman, yoki sening saltanating buzilur! Ey sen – meni qul o‘rnida ishlatguvchi afandi! Titra, qo‘rqkim, bog‘liq quling bosh ko‘targan kuch endi!.. Toshkent. 1922, 15 iyul Sharq nuri So‘ng davrda yo‘qsil Sharqning tarixi Bir bet bo‘lsin oq satrni ko‘rmadi. Dunyo tarixini yozgan muarrix Yaxshilikka qalamini burmadi. Sharqning qaysi burchagini qarasang, Yo‘qlik, o‘lim, zulm, qarg‘ish ko‘rarding. «Tomug‘» degan so‘zni bilmak istasang, Sharqni boshdan oyoqqacha yurarding. Bir zamonlar yer yuzida o‘z boshli, Ulug‘, shonli madaniyat tug‘dirgan U go‘zal Sharq, shirin tuproq so‘ng zamon Bo‘ldi chetlar panjasida ko‘z yoshli… Uning bunday qizg‘anichli holiga Har kimdan ko‘p qon yig‘lagan sen eding. Uni ezgan yirtqich qo‘lli ma’zinga Sen ulug‘ yov, sen mujassam kin eding. Insonlikka saodatning birdan bir To‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatguvchi Marksdi; Biroq Sharqqa qutulishning yo‘lini Ko‘rsatguvchi ulug‘ dohiy sen eding; Sendek kishi Sharq eliga tansiqdi. Pok siynangga o‘q otguvchi dushmanlar, O‘ylamaki, bir o‘zingning dushmaning; U dushmanlar – butun Sharqning dushmani, Ko‘pdan ichib kelgan qonlarin uning. Kun ham Sharqdan, oy ham Sharqdan chiqadir, Biroq bir sen G‘arbda chiqding va botding; Shuning uchun menim sharqlik ruhimda Ajib mudhish, qo‘rqinch tuyg‘u uyg‘otding! Sharqning kuni kirsa bulut ostiga, Sening so‘nik kunlaringni o‘ylayman; Botib borgan oyga qarab: «Ey yo‘qsil, U ulug‘ «nur» senmasmi?» – deb so‘rayman… Ehtimoldir, seni har bir narsadan Aziz ko‘rgan, u sen suygan yo‘qsil Sharq, Ruhlaringni oy o‘rniga qo‘ygandir, Balki, bizning ko‘zlarimiz qilmas farq… Menim sharqlik ko‘zim sening ruhingni Sharqning har bir burchagida ko‘radir; To‘g‘ri, sening u sharqsuyar ruhlaring Al-Humroda, saroylarda yuradir. Endi undan uchib o‘tdi Misrning Sirlar to‘lib oqqan Nili bo‘yiga; Nilni bo‘ylab kelib kirdi u ruhing Fallohlarning qashshoqlarcha to‘yiga. Undan o‘tib Suriyaning Shomiga Asr ko‘rgan ko‘chalarni aylandi. Shu minutda Himolaya tog‘ida Hind qiziga yigitlikka saylandi. Kecha ko‘rdim uni: Budda yonida Riyozatning foidasin o‘qirdi. O‘tgan kuni Nishopurda – bog‘chada Xayyom bilan ishqiy she’r to‘qirdi. O‘tgan hafta Chin-Mochinning yurtida Kanfutsiyu falsafasin eshitdi. Bu haftada Eron borib, Zardushtga Nicha bilan qalaysiz deb tegishdi… Hindistonda Bedil bilan yurganin Menim sharqlik ko‘zim aniq ko‘rmishdi; Alamutning tepasida yurganda Menim ruhim orqasida yurmishdi… Shuning uchun suyar seni butun Sharq, Sen Sharqmisan, Sharq senmidir bilofarq. 1918-yil Suygan Choqlarda Go'zallarning malikasi ekansan, Buni sening ko'zlaringdan o'qidim. O'qidim-da istiqbolim qushiga Xayolimdan oltin qafas to'qidim. Gunafshalar qulog'imga madhingni So'zlab-so'zlab charchadilar, bitmadi... Alamzada bulbul yig'lab, kechalar Alamingning so'ngin tamom etmadi Ko'zingdagi hikoyaning mazmunin, Shoir bo'lsam, aytib-aytib yig'lardim. O'shal, eski jarohatli qalbimni Satrlarning nashtari-la tilardim. Xayolimning qip-qizildan kiyingan Parilari, hurlarini ko'rdingmi? Alamimdan gullar ekkan yo'llardan Koinotga hayot sochib yurdingmi? Yo'llaringda she'r aytsa so'lgan barg, Qulog'imga musiqalar keltirur. Qachon sening musiqali ovozing Sening meni suyganingni bildirur? 1921 yil. Taraqqiy Shuning bilan taraqqiy qilib bo‘lurmi? Hali kun butkul yotib ko‘runmay ketgani yo‘q edi. Hali biz turg‘an to‘rt yog‘i baland devollik qal’a kabi havliga xiyla qorong‘i tushub qolg‘an bo‘lsa-da, yonimizdag‘i masjidning qari, quloch yetmas qayrag‘ochining uchida kunning bir quchoq qadar shu’lasi o‘char-o‘chmas bo‘lub turar edi. Ilhom bir marta soatiga, yana bir marta masjid qayrag‘ochining uchiga qarag‘andan so‘ng: – O‘rtoqlar, uje vremya, – dedi. Men o‘zim bilib turub yana nimagadir so‘radim: – Xo‘sh, qayerg‘a boramiz? – Kartinaga! Men Ilhomning odatini yaxshi bilar edim, shuning uchun uning so‘zi bilan kartinaga chiqmoqni istamas edim. Lekin Ilhomga indamasdan Salohiddinga qarab: – Saloh, kartinaga chiqishg‘a sira tobim yo‘q, boshqa bir yerga boraylik, – dedim. Saloh so‘radi: – Mayli, bo‘lmasa, qayerg‘a boraylik? – Boramiz biror yerg‘a. – Sirkga borayliqmi? – Unda nima bor? – Tansa… – Kartinadan qochqan kishi «tansa» uchun sirkg‘a boradimi? Bizning so‘zimizni diqqat bilan ta’qib qilib turg‘an Ilhom birdan o‘rnidan turub: – Nu, o‘rtoqlar, voprosni men reshil! – dedi. Biz so‘radik: – Xo‘sh, qandog‘? – Samiy yaxshi maslahat: shul yerg‘a boramiz – gorodskoy sadga, ov qilamiz, ov! Saloh menga qarab xohlar-xohlamas: – Yo‘q-ey, yaxshi emas, – dedi. Ish bu darajaga yetib, har kimning fikri bilingandan keyin men ham tilagimni ochib aytdim: – So‘fi boboning oldig‘a kiramiz. «O‘rus keldi»da bo‘lg‘an gaplardan, o‘shal vaqtdag‘i xonlarning, beklarning qilg‘an ishlaridan gapirib beradi, eshitib chiqamiz. So‘fi bobo Qo‘qon xonlari bilan Buxoro amirlari orasidag‘i behuda g‘alvalarni juda yaxshi biladi, bir eshitar edik, – dedim. Saloh birdan e’tiroz qildi: – Shu ham gapmi? Eski, miyasi churugan boboylarni laqillatishdan nima foyda? – Foyda, asli, shunda. So‘fi bobo jonlik bir tarix, – dedim. Bu so‘zimga ikkalasi ham barobar e’tiroz qildilar: – Shuning bilan taraqqiy qilib bo‘ladimi? Kartinaga chiqdiq. Lokin kartina qolib ketdi, boqchada ov qilib yurubmiz. Men ko‘b bo‘shang, Xudo urg‘an ekanmankim, shu «hunar»ni hech o‘rgana olmadim. O‘rtoqlarim har bir o‘tgan «etaglik»ning orqasidan seldek «shirin so‘zlar» (kampiliment) yog‘dirg‘anda, men uyalib, qizarib yerga qarayman. Munga Ilhomning achchig‘i keldi: – Shu ham qiliqmi? Bir oz ochilsang-chi. Qizarg‘anini… Menim uzurim katta: – Qanday qilay? O‘rganmaganman. Bunga ham barobar e’tiroz: – Shuning bilan taraqqiy qilib bo‘lurmi? Saloh bilan biz iskamiyada o‘lturamiz. Birdan uchtasini yetaklab Ilhom keldi. Og‘zidan mazalik va mazasiz gaplar seldek yog‘adir. Bittasini darrov Saloh qo‘ltuqladi. Bittasi Ilhom bilan qoldi, qora ko‘ylakligi menga yaqinlashdi. Men qizarib turibman. Ilhomning achchig‘i keldi: – Turishini… turishini! Nu, ushlashing! Nimaga qarab turasiz? Nu, vozmite, nu… Titradim, sekingina borib qo‘ltiqladim. Ketib boramiz. Ular ikkalasi og‘izlariga nima kelsa so‘zlaylar, gapiralar, qizlarning kulgisi dunyoni bosdi. Men gapirmak istasam ham hech bir kishiga munosibroq gap topolmayman. – Nu, molodoy chelovek. – … – Chto novogo? – … Qora ko‘ylaklik Salohga qarab: – Slushayte, pochemu on nichego ne govorit? – dedi. Saloh menga: – Hoy, gapirsang-chi, pes! Nima bo‘ldi senga? – dedi. – Nima gapiray? – Kartushka, sabzi, piyoz, oshqoboq… nima bo‘lsa ham. – Shularni gap qilib gapiradimi? Bu so‘zimga Ilhomning juda achchig‘i keldi: – Shu pesni nimaga olib chiqdik? O‘o‘daymay o‘lsun. Shu ham insonmi?! – Ha, insonlik qandaqa bo‘lar ekan, bo‘lmasa? Insonlik etagbozlik, har soatda bir gul iskash ekanmi? Bu so‘zim Ilhomga boshqacha ta’sir etgan ekankim: – Ha, o‘lmang, shunday shirin so‘zlarni bilar ekansiz, shu so‘zlarni yoningizdagig‘a aytmaysizmi? Muncha uyatchanlik, bu nima? Bunga Saloh qo‘shdi: – Shuning bilan taraqqiy qilib bo‘lar ekanmi? Tortishuv tongi Yenggan qo’shin boshlig’idek gerdayib Botgan quyosh bulutlarning ostidan Bosh ko’tarib chiqmoq uchun tirisha. Shuning uchun beri yoqda irjayib Kulishurlar. Unga qarshi, qarshidan Yig’lov, siqtov, tovush, g’avg’o, xarxasha. Suyuningiz: ko’pdan beri zindonda Quyosh ko’rmay, zaxlab qolgan ko’ngillar. Chiqar kunlar yetdi sizga undan-da, Munda yechib yuborilgan tugunlar. Qayg’uringiz: Kishanlarni yasovchi ustalar. Boshqalarni tubanlar deb atovchi xo’jalar, Sizning uchun yoz boshining qoridek Eruv kunlar keladir, Sizning uchun alvastining zoridek yig’lar kunlar keladir… Chiqadirgan quyoshni siz behuda Etak bilan to’smoq uchun tirishmang, Ahmoq bo’lib Azroilning oldida Jon talashing, to o’lguncha berishmang. Toshkent, 1920 yil, Oktyabr. Toʻfon (Anatoʻli qishloqisining muzaffar oʻrdulariga) Ey Inoʻnu, ey Siqarya, ey istiqlol erlari, Milliy misaq olingancha toʻxtamasdan ilgari! Bilamizkim, jannat kabi tuprogʻingiz yovlarning Goʻdaklarni yastaguchi oyoqlari ostida. Bilamizkim, tovushingiz haqsiz chiqqan dovlarning, Insofsizcha shovqinlarning, hurushlarning pastida. Bilamizkim, „madaniyat“ beshigida oʻtirgan Jallodlarning butun taʼma va hirslari sizlarda. Bilamizkim, „ozodlik“ deb shovqin qilgan, baqirgan Boʻrilarning och koʻzlari oltin toʻla yerlarda. Bilamizkim, ular sizni yashamoqqa qoʻymaylar, Bilamizkim, qoningizni tomchi-tomchi ichalar, Bilamizkim, ular sira yuvosh xalqni sevmaylar, Bilamizkim, tuproq uchun insonlikdan kechalar. Bilamizkim, siz yoʻqsillar soʻng chogʻda Shunday yomon dushmanlarning qoʻlida Mangu asir, mangu tutqun boʻlishni Istamasdan qoʻlga yarogʻ oldingiz. Bilamizkim, qator-qator qishloqlar, Siynasiga non toʻldirgan tuproqlar Oʻt ichinda, shuning uchun oʻlishni Ortiq koʻrub, jonni oʻtga soldingiz. Jonni qonga, oʻqqa, oʻtga soldingiz, Faqat bu kun totli bir oʻch oldingiz, Yana bir qur tarixlarda qoldingiz! Ey istiqlol, ey Siqarya, ey Inoʻnu erlari, Yur, mazlumlar toʻfonining oʻch olguvchi sellari!.. 1922-yil (Anatoʻli qishloqisining muzaffar oʻrdulariga) Ey Inoʻnu, ey Siqarya, ey istiqlol erlari, Milliy misaq olingancha toʻxtamasdan ilgari! Bilamizkim, jannat kabi tuprogʻingiz yovlarning Goʻdaklarni yastaguchi oyoqlari ostida. Bilamizkim, tovushingiz haqsiz chiqqan dovlarning, Insofsizcha shovqinlarning, hurushlarning pastida. Bilamizkim, „madaniyat“ beshigida oʻtirgan Jallodlarning butun taʼma va hirslari sizlarda. Bilamizkim, „ozodlik“ deb shovqin qilgan, baqirgan Boʻrilarning och koʻzlari oltin toʻla yerlarda. Bilamizkim, ular sizni yashamoqqa qoʻymaylar, Bilamizkim, qoningizni tomchi-tomchi ichalar, Bilamizkim, ular sira yuvosh xalqni sevmaylar, Bilamizkim, tuproq uchun insonlikdan kechalar. Bilamizkim, siz yoʻqsillar soʻng chogʻda Shunday yomon dushmanlarning qoʻlida Mangu asir, mangu tutqun boʻlishni Istamasdan qoʻlga yarogʻ oldingiz. Bilamizkim, qator-qator qishloqlar, Siynasiga non toʻldirgan tuproqlar Oʻt ichinda, shuning uchun oʻlishni Ortiq koʻrub, jonni oʻtga soldingiz. Jonni qonga, oʻqqa, oʻtga soldingiz, Faqat bu kun totli bir oʻch oldingiz, Yana bir qur tarixlarda qoldingiz! Ey istiqlol, ey Siqarya, ey Inoʻnu erlari, Yur, mazlumlar toʻfonining oʻch olguvchi sellari!.. 1922-yil Tun Erkin she’r I Tun yomon, tun qorong‘i, Tun qo‘rqinch, tun azob! Tunda eski va yangi Har narsa xayol va sarob. Tunning uzunligi, Chuqurligi ko‘p yomon. Tunning buzuqligi, Yolg‘izligi beomon! Tunda har narsaning tovushi Yiroqdan guvillab kelar. Tunda ko‘p chog‘lar yuzimga Jinlarning qo‘llari urilar. Oh, tunning qalin pardasi Qanday gunohlarni yashirmas. Oh, tunning tovushsiz na’rasi Hech jonni qo‘rqitmay qolmas! Tunning yashirin quchoqlarida O‘limlar, qonlar to‘lgandir! Uning aldamchi bog‘larida Qancha yosh gullar so‘lgandir! II Tinchlanib o‘ltirib yulduzdan Ertaklar eshitmak bo‘lsam Yo o‘zim istab topgan qizdan Bir qarash, bir ko‘rish so‘rasam. III Har yerdan qancha tovushlar Devlardek na’ra solurlar. Tegramda nayza – qilichlar Jonimga hamla qilurlar… Salqin suv koni – buloqlar Kunduzlar chanqaganimda Shir-shirlab ko‘nglimni yo‘qlar. Men darrov olmaganimda Battarroq qaynab oqardi. Bir ho‘plab kunda men ichsam, Kayfimga qancha yoqardi. Istardim: qo‘yniga qochsam! Oh, tunda og‘u bo‘lar, har Manbadan tomchi suv ichsam, Oh, tunda nozli buloqlar Ko‘nglimga tarqatalar g‘am! Bu tunda, sevgili yorim, Qoldingmi mendan uzoqda? Bilmaysan: og‘riqli bag‘rim Qon yig‘lar tunda, bu yoqda! Bu tunkim, sirli, qorong‘u, Yo‘llarda sharpa-da yo‘qdir. Ko‘nglimda to‘p-to‘la qayg‘u, Oh, yo‘llar qancha uzoqdir! Kel, endi tashlama, qo‘yma, Bu tunning qo‘ynida yolg‘iz. Hijronni boshima yoyma, Ey tundek sochi qora qiz!.. 1922-yil Ulug’ yo’lovchiga A.M. ruhiga «Dunyoga ishlar uchungina kelganman» (O‘z so‘zi) Boqchalarda gullar so‘ldi, sezmadim, O‘stirganlar yetim bo‘ldi, sezmadim, Ko‘ngillarga qora to‘ldi, sezmadim, Sezdim sening ketganingni ko‘ngildan… Ketgan yo‘ling yiroq yo‘ldir, keti yo‘q, Boshlanishi: quruq va keng bir bo‘shliq, Tugalishi: yana cheksiz bir yo‘qlik, Biroq qaytmoq yo‘qdir tushgan yo‘lingdan… Ketding, biroq izlaringda ko‘z qoldi, Tillaringda aytilmagan so‘z qoldi, O‘ksiz bo‘lib yotlar emas, «o‘z» qoldi, Chuqur ma’no istab eski so‘zingdan… 1921-yil Uyqu Jim turing, shovqinlamang: uyqu ichida ul pari, Yurma, tek tur, ey shamol, yursang-da yur biroz nari! Ko‘kda bir to‘p qiz-malak uyqu kuyini boshladi, Ilgari chalgan tirik, jonli kuyini tashladi. Bosh uchida aylanar bir to‘p farishta jimgina, Ko‘k elining tangrisi – Oy ham qaraydir tinchgina… Ul olos ko‘zlar yumilgan… kuyni yondirgachgina, Ko‘p go‘zal ko‘zlarni yumdirgach, uyaltirgachgina… Charchagan, tolgan umidsiz ko‘zlarim to‘ymay qarar, Har qarashda ko‘nglima ming turli o‘ylarni solar… Bu yotish, bu uyqu, bu qanday shirin, qanday go‘zal, Jonlanar, yuz ko‘rsatar singan va yastangan amal. Bu yotish, uyqu na yerda, na xayoliy ko‘kda bor, Bu go‘zal sirli tomosha menda, men o‘ksukda bor. Jim turing, shovqinlamang: uyqu ichida ul pari, Ko‘zlarim to‘ymay qarar, borliq, ko‘rinma, tur nari!.. Toshkent. 1921, fevral Vijdon erki Ay tutqinlar, ay ezilgan, Ay qiynalgan, yo‘qsil ellar, Ay umidsiz, ay chizilgan Dor oldiga... oppoq dillar! Ay bevalar, bechoralar, Ay bog‘langan kishanlarga. Ay erk uchun ovoralar, Ko‘p yalinmang siz ularga! Bo‘rilardan omon kutmak Tentaklarning ishidir ul. Har mone’ni hatlab o‘tmak — Turmushda eng to‘g‘ri bir yo‘l! Zulm oldida har bir narsa, Ehtimolki bo‘yin egar. Agar zulm avjga kelsa, Ko‘k boshida yerga tegar. Hayvonlarga, insonlarga Zolim ega bo‘lmay qolmas. Faqat erkin vijdonlarga Ega bo‘lmoq — mumkin emas! Samarqand, 1922, 9–iyun Xayoli Ko'ngildagi muhabbatning uchqunin Xayolimning bir burchida berkitdim. Ul uchqunning kuchligidan siynamda Hech tuzalmas, og'ir yara bor etdim. Qulog'imga ol baxt, deb eshitilgan Azonlarni shaytoniy deb o'yladim, Shuning uchun baxt bergan malakka Turli-tuman afsonalar so'zladim... Sochlarini o'ynab turib eshitdi Va dedikim: "Afsonalar behuda". Bul so'zlari qulog'imga yetishdi: "Oqdim,-dedi,-qonli, zardobli suvda..." Oq-oq,-dedi afsonalar sultoni, - Sening taxting, baxting unda kutadir. Ul zardobli, qonli suvlar ostida Qora kiygan joning jilva etadir. Ket, ey shayton, bosqiradim... qo'rqaman... Ket-ket. Qilich singan, qalqon teshilgan. Ko'rasanmi? Men ezilgan, yotaman, Ustimga-da balo tog'i yiqilgan. So'nggi nafas, oxirgi dam, ey malak, Kel, bir qara, so'ngra yiqilsun falak. Toshkent. 1920, aprel Yana qor Yana qor! Oq kafan o‘raldi yana, Yana ko‘k quydi yerga parlarini. Qarg‘aning tillari buraldi yana, Yana qish chorladi «nafarlar»ini… Qop-qora dev kabi bulut yig‘ini Qoplab oldi yana quyosh yuzini. Yotqizib yoz botir «yengish tug‘i»ni, Uyqudan ochmadi sira ko‘zini. Kutdilar yoz qizi – bahor oyining Yangi kunda yasalguvsi to‘yini. Yoz kabi turli gulga ko‘p boyning, Dedilar, bo‘lguvsi chechak o‘yini. Qarigan qish boboy chidolmasdan To‘y kutilganda qildi bir bosqin. Nega ergashdi unga qorli bo‘ron? Ko‘p qo‘pol edi asti ul ozg‘in. Bir faqat qarg‘alar qor ustida Qag‘lashib qish boboyni alqaylar. To‘ngdirguvchi zahar sovuq tunda Beva-bechoralar yomonlaylar. Har yetim ko‘zda tomchi-tomchi zahar, Har faqir uyida inglayish va yig‘i. Har sariq yuzda so‘nggi shu’la so‘nar, Har tomon, har tarafda bir qayg‘i… Yana qish… Qor-kafan yopildi yana, Qarg‘aga to‘y… o‘yin topildi yana!.. Yashayish Og‘ir-og‘ir va faqat qayg‘udan yiroq uyqu, Nechun uzoqlarga qochdingki, ko‘p yomondir bu! Ko‘zim ochildi, biroq ko‘rmadim go‘zallikni, Ko‘ngilda ya’s ila ko‘rdim butun tubanlikni… Yo‘q emas edi go‘zallik bilan chiroylilik, Faqat ular tubida jilvalandi hayvonlik… Kulib qarar edi dunyosi goh-gohlari, Faqat kulishlar ichida fig‘on va ohlari! Nechun ochildi ko‘zim, qayga ketdi uyqularim? Bu uyg‘onishda to‘lib-toshdi, oshdi qayg‘ularim… Yongʻin Talanmagan, yiqilmagan yer yo‘q, Go‘daklar nayza boshida... (Xabar) Nega menim qulog‘imda tun va kun Boyqushlarning shumli tovshi baqirar? Nega menim borlig‘imga har o‘yun Va har kulgi og‘u separ, o‘t qo‘yar? Ko‘nglim kabi yiqiq uylar, qishloqlar, Boyqushlarga buzuq ko‘ksin ochganmi? Ota-ona, tanish-bilish, o‘rtoqlar Yurtni tashlab, tog‘ va toshga qochganmi? Shunday katta bir o‘lkada yonmagan, Yiqilmagan, talanmagan uy yo‘qmi? Bir ko‘z yo‘qmi qonli yoshi tommagan, Butun ko‘ngil umidsizmi, siniqmi? Podalarning yaylovida bo‘rilar Qonga to‘ygach, uvlaylarmi ko‘plashib, Yiqiqlardan o‘liklarni to‘plashib, O‘tmi qo‘yar alvastilar, parilar? Tabiatning butun yomon tomoni Shu o‘lkaga faqat jilva qildimi? Mo‘minlarning oq vijdoni, imoni Sham so‘nganday tinsizgina so‘ndimi? Qilichlarning tillarida qizil qon, Buloqlarning suvi yanglig‘ toshdimi? Yalang bola, yalang go‘dak —ma’sum jon Nayzalarning boshlaridan oshdimi? Keng yaylovga o‘tmi ketdi, yondimi? «Madaniyat» istagiga qondimi? 1921 Yorugʻ yulduzga Go‘zal yulduz, nurli yulduz, tez so‘zla Otalarning tarixdagi xatosin; Shul xatodan osig‘lanib yovlarning El ko‘ksida surgan ishrat, safosin. So‘zla, anglat o‘tgandagi turmushning Butun qonli, shonli, jonli yerlarin. Ko‘z oldimga jilvalantir yurt uchun Jonlar berib, qonlar to‘kkan erlarin. O‘ynat, qo‘zg‘at, to‘lqinlantir, hovliqtir Keng Hazarning ko‘m-ko‘k yumshoq suvlarin. So‘zlattirib charchat, horsin, charchasin, Teri oqsin, ko‘kka chiqar bug‘larin. Ko‘piklantir, mayda oppoq ko‘pikdan Ko‘ylak kiydir, yasantir suv betlarin. Ul suvlar-la pardoz qildir, kiyintir Tog‘li, toshli qirg‘oqlarin, chetlarin. Nega jimsan, nega javob bermaysan? Nega ko‘zing qizarindi, yoshlandi? Nega yuzing so‘lgan kabi yumshardi? Nega senda bir talvasa boshlandi? Bilaman men: so‘zlamaysan shuning-chun So‘zlaydirgan yaxshi so‘zing yo‘q erur. Og‘iz ochsang yo‘qsil elni ezmakka, Qon qilmoqqa hasratlaring ko‘p erur. Mayli, mayli, qandoq achchiq bo‘lsa ham, To‘g‘ri so‘zni yashirmasdan so‘zlay ber. Har qanchalar yurak yorgich kuy bo‘lsa, Botir bo‘lib sekingina kuylay ber. O‘tganlarning zahari ham bu kunda Ko‘ngillarga tegmay o‘tar kabidir. Kechmishlarning yig‘isi ham shu kunda Yo‘qsil dilni suyuntirar kabidir. Falokatlar ko‘rgan ota-bobolar Istiqlolning qimmatini bilmagan. El va yurtni saqlar uchun so‘ng xonlar Tuzukkina chora, tadbir qilmagan. Biz, yo‘qsillar, boshqalarga qul bo‘lib, Chet oyoqlar tovonida ezildik. Har yaramas, har buzuqning tagida Alam tortgan, jabr ko‘rgan biz edik. Yetar, bo‘ldi! Meni gapga solding-da, O‘zing unda tinglabgina turasan. Yana, tag‘in ta’sirlanib so‘zimdan, Oh-voh qilib o‘zni har yon urasan. So‘zla sen-da tillaringni o‘ynatib, Eski olam ichra bizni olib bor. Yashrin yotgan pardalarni, zulmatni Qarab turma, nuring bilan yirt, yubor! Yalintirma, boshqalarga yalingan Kabi sen ham yalintirmoq istaysan. Ezilganni ezishlikka, sen go‘zal, Ozroq sharm, ozroq hayo qilmaysan. So‘zla, anglat, go‘zal yulduz, tez so‘zla, Men-da sening chiroyliging so‘zlarman. Hazardagi ko‘piklarga birlashib Seni maqtab shirin kuylar kuylarman. Og‘iz ochding, tovshing keldi, ey yulduz, So‘zla-so‘zla, yot kishi yo‘q, ikkimiz!.. Bahri Hazar. 1920, 19-avgust Yotoqdan Og‘riq oldi, qayg‘u oldi, zor oldi, So‘nik ko‘zli, bag‘ri ezik yor qoldi. Qayda qoldi mulla Bozor – devona, Qulog‘imga o‘qir edi afsona: Ezgu joyga oq ot bilan kirganni, Dil ka’basin o‘qlar bilan buzganni… Yiqiqlardan, qabrlardan tovushlar, O‘liklarning salomini o‘qiylar. Borlig‘imni qo‘rqinch o‘tlar hovuchlar, Xonaqohlar fano to‘ri to‘qiylar. Sirli sirdan qilday bo‘lsin xabar yo‘q, Yo‘qsa, ul-da o‘tganlardek so‘ndimi? Oq deb, pok deb yurganlarda dil buzuq, Yo‘qsa, fano maysalari undimi? Alam oldi, firoq oldi, qon oldi, Amal qoldi… Ko‘zi yoshli jon qoldi!.. Buxoro (Harbiy xastaxona). 1922, 21–yanvar Zarafshon Ko‘z oldimda oqib yotgan Zarafshon Yosh boladek erkalaydir, o‘ynaydir; Hovliqma ham bo‘lsa o‘zi ko‘p chaqqon, Uncha-muncha to‘siqlarni qo‘ymaydir. Katta-kichik toshlar bo‘lsa yo‘lida, Hech qo‘ramay sudrab ketar ilgari; Kim biladir, jon topshirmish qo‘lida Hazil-hazil bilan qancha yosh-qari?.. Uning o‘zi, shu o‘ynoqi qilig‘i, Shu hovliqma odati-la ko‘p qo‘rqinch; Suvlarining nozli qizdek sillig‘i Ko‘p tanlarni ag‘dararlik katta kuch! Undan qo‘rqinch uning o‘tkarganlari, Saltanatlar, qonlar, ulug‘ tarixi, Siynasida bo‘g‘ib o‘ldirganlari, Ko‘p jonlarning ingrayishi va ohi! Tarixining qanotlari so‘ng yillar Allaqanday qora rang-la bo‘yalmish. Yonlarida yashaguvchi ko‘p ellar Qora yozmish qozig‘iga suyalmish… Sho‘x-sho‘x oqib yuragida yashrincha Tarixlarni, asrlarni qarg‘amish. Bilmadimki, o‘z umrida ul qancha Yaxshi erlar yod etmish-da, alqamish? Ey Zarafshon, o‘ynab-kulib oqaver, Mazlumlarning yuragini yoqaver!.. Samarqand. 1920, avgust «Oʻzbek qizi» uchun Goʻruyorum: Her bir eling gogunde, Yilduzlari paril-paril yanryor, Yildizlaring yere sachan nurini Her bir insan iche-iche kaniyor. Gulshan yoʻq ki kadin guli achmasun. Bakcha yoʻq ki kadin bulbul otmesin. Yer yoʻq ki kadin isi sachmasun. Gongul yoʻq ki kadin maftun etmasun. Her milleting gulshanida gullari O milleting kadinleri, kizlari: Her milleting haq suydigi bir yolu Kadinligin basmish olan izidir. Hich milletda kadinlarin o goʻzel Chehreleri perdelere girmiyor. Hich milletde ……… haʼin el Kadinlara gʻazab ila ermiyor. Her nereye girdim isem: karshimda Kadinlari achik yuzde bulurum; Hatirlarim: Kapahdir yurdumda, Oʻzbek kizi kaygʻulara dolarim, Bogʻulurum Oʻlurum… Siyah perde bilir misin? – O alchak Eski dunya seni bize birakmish. Erkli olan kadinlarin bashina Din isminden esirligi o taqmish. Koʻz aldinda eski dunya o buyuk Saltanati shevket ile oʻliyor. Oʻlmesine iblislerdir agʻlayan Meleklerse goʻk yuzinde guluyor. Sen de onung mirasisin ey perde, Kalamazsin azad olan bu yerde, And ichrim: Esir Oʻzbek kiz ichun, Shimde burda yalniz mezar seningchun. Bir mezar ki, tashlarindan yash damlar Tash ichinde Oʻzbek kizi – hep agʻlar. 1920 yil Avgust, Baku. — Source: https://wikisource.org (works of Abdulhamid Choʻlpon). Downloaded from uzbekai.com.