Amalning olimi Abdulhamid Choʻlpon Ko‘nglimda yig‘lagan malaklar kimlar? Sharqning onalari, juvonlarimi? Qarshimda inglagan bu jonlar kimlar? Qullar o‘lkasining insonlarimi? Na uchun ularning tovushlarida O‘tgan asrlarning ohangi yig‘lar? Na uchun yozmishning o‘ynashlarida Har yurish ko‘nglimni nishtardek tig‘lar? Kenglik xayollari uchdimi ko‘kka? Butun umidlarni yovlarmi ko‘mdi? Mangu tutqunlikka kirdimi o‘lka? Xayolda porlagan shamlarmi so‘ndi? Kechaning jon olgich qorong‘iligi Najot yulduzini xayolmi bildi? Shuncha tutqunlarning haqqi, haqligi Bir hovuch tuproqqa qurbonmi bo‘ldi? Ohimning o‘tidan chiqqan shu’lalar Sharqning ko‘kragida bir joy topmasmi? Ko‘ksimdan qisilib chiqqan na’ralar Uxlagan dillarga siljib oqmasmi? Har kecha ko‘klarda o‘ynagan yulduz Aytar edi menga: «Erklik yulduzi – Tutqin yellar uchun samo qunduzi, Ko‘ngilda qolgusi uning bir izi». U bir iz ko‘zimning nurlaridan ham Yuksakdir, men uni o‘pmak istayman, Agar topilmasa, bu yurtlardan ham Ko‘chib yiroqlarga ketmoq istayman. Yig‘lagan, inglagan amal qizimi? Ko‘kdagi yulduzlar uning izimi? 1921 yil — Source: https://wikisource.org/wiki/Amalning_olimi. Downloaded from uzbekai.com.