Andijonda maorif ishlari (II) Abdulhamid Choʻlpon Sovnarqo‘m oldida tuzulgan maorifga yordam qo‘mitasining yo‘lida ishlamak uchun ijroqo‘m qoshida «Maorifga yordam byurosi» tuzuldi. Doimiy bo‘lg‘an buyuroning umumiy hay’ati shu o‘rtoqlardan iborat: Rahmatulla o‘g‘li (ijroqo‘mdan), Besrof (firqaqo‘mdan), Kasatkin (maorifdan), Eshonxo‘ja o‘g‘li (yosh kommunistlardan), bir kishi kasabalar tashkilotidan. Buyuro ishga kirishdi. Maorif nozirlig‘ig‘a shahrimizning faol ishchilaridan o‘rtoq Sulton Mas’ud Holbotir o‘g‘li tayinlandi. Uning harakati bilan maorif ishlarining jonlanib ketishiga umud bor. Ijroqo‘m tomonidan maorif nazoratiga buyurulg‘andurkim, uyez maktablariga ko‘brak ahamiyat berib: ismetada uyez uchun chiqarilg‘an pullarni tugal uyezga sarf qilsun. Shahardagi internatning ko‘b bolalari uyezlik bo‘lg‘an uchun internat shahar uyez internat otalib, ta’minotiga uyez pulidan ham olinadurg‘an bo‘ldi. Oltunko‘l bo‘lusi Qorayor ichida Sirdaryo suvida qatnab turaturg‘an 6 ta qayiq bor ekan. Bo‘lus mahkamalaridan shu qayiqlarni maorif foydasiga ishlatish kerakligi to‘g‘risida ijroqo‘mga murojaat tushgan. Ijroqo‘m, u murojaatni qabul qilib, ijrosini bo‘lus hukumat mahkamalariga topshirdi. — Source: https://wikisource.org/wiki/Andijonda_maorif_ishlari_%28II%29. Downloaded from uzbekai.com.