Andijondan xat Abdulhamid Choʻlpon “Mushtum” afti bizning andijonliklardan hafaga o‘xshaydir. Sababini so‘rasam: “mendan qocha boshladilar” deydi. “Mushtum” tog‘aning bizdan o‘pkalashga haqqi yo‘q, albatta. Chunki “Mushtum”dan qochmoq ayb emas, lozim, zarur. Bir marta unga yo‘luqqanlardan butkul ayrilub ketkanlar ham ko‘ruldi, oxir. Qahramonzoda “Mushtum”ning dahshatidan qo‘rqub Qo‘rg‘ontepada zig‘irlar orasida g‘oyib bo‘ldi. “Mushtum” bilan bir qadar oshnachiliq qilib yurgan sobiq “Ko‘mak” raisi indamasdan, bildirmasdan tog‘larg‘a o‘chub ketdi. Ba’zi bir kishilar: “Qimizg‘a ketdi” desalar ham, men ishonmadim. Negakim, qimizg‘a boraturg‘an kishilar odatda birovg‘a zarar-zahmat bermasdan ketadirlar. Lokin, sobiq rais: “Ko‘mak”ning beliga uziqara otdek shattalab tepib, so‘ngragina ketib yo‘qoldi. Hozir, “Ko‘mak” ishsiz qolib, ish birjasida joy oqtarmoqdadir. “Mushtum” tog‘am xafa bo‘lmasun. Andijonlik uning changalidan qutulmoqchi emas, balkim, ko‘brak siqilib kirmakchi, lekin birdan emas, oz-oz, sekin-sekin. Hozirg‘a shu ham bas, deylik! — Source: https://wikisource.org/wiki/Andijondan_xat. Downloaded from uzbekai.com.