Axloq janjali: Tirnoq orasidan kir izlanmasun Abdulhamid Choʻlpon Andijon muallimlaridan ikki kishi o‘rtasiga bir yaramas da’vo tushub qoldi. Da’voning matbuot maydoniga tushub ketishga «kurashguvchi» o‘rtoqlarning qizg‘in qonlik yozg‘an maqolachasi sabab bo‘ldi. Bu har holda yaxshi narsa emas. Turkiston muallimlarining boshqa kamchiliklari tog‘larcha bo‘lgani holda, axloq tuzatish degan narsa, matbuot betiga eng faxsh da’volarni ko‘tarib chiqish bilan bo‘lmaydur. Ayb aqtarilsa, izlansa hammamizda ham bor, yo‘q emas. Lekin, ayblarni yuzga aytib, o‘zaro bitmak kerak. Ayniqsa, munday faxsh axloqsizliklar. Tirnoq orasinda kir hamma vaqt bo‘ladur, kavlagan sari chiqaberadur. Lekin odamlarning umri tironoq orasidan kir kavlab o‘tish uchungina tiklanmagan. Ayniqsa, Turkistonning oq qoraning tanumag‘an yerlik xalqiga bir narsa bildiraman degan muallimlar bir birlarining ayblarini izlash bilan o‘tkazalar, bu jinoyat! Birovning axloqsiz deb so‘kmasdan ilgari o‘z vijdonimizga savol berayligkim bizning o‘zimizda axloq bormi? Birovni xunuk demay turub bir marta oynakga qaraylik, ehtimol o‘zimiz undan ham xunukdurmiz! Bas endi, bu faxsh qadam!… — Source: https://wikisource.org/wiki/Axloq_janjali%3A_Tirnoq_orasidan_kir_izlanmasun. Downloaded from uzbekai.com.