Eng muhim bir vazifamiz Abdulhamid Choʻlpon “Zarafshon” rafiqimizda o‘rtoq Ismoilzoda “Unutilg‘an bir vazifa” sarlavhasi bilan bir bosh maqola yozib, xotun-qizlarimiz borasida maorif tarqatish masalasidan jiddiy suratda bahs etadir. Bizda maktab, o‘qush o‘qutish va bilimlik bo‘lush masalasi juda jiddiy harakatlar bilan yo‘lg‘a qo‘yula boshlag‘an choqda, shu bilimdan xalqning erkak-xotunini bab barobar foydalantirish haqiqatan muhim va muhimligi unutilg‘an bir masaladir. Durust, o‘rtoq Ismoilzoda aytganidek, “Keyingi vaqtlarda gazeta betlarida maktab va maorifga doir bir ko‘b so‘zlar va ishlar yozilib o‘tdi. Buning natijasida bir ko‘b ishlar ham qilindikim,bunga bir chin ko‘nglimizdan tashakkur va taxsin etishdan boshqa bir narsa ayta olmaymiz”. Faqat, bu harakatlarning natijasida ishlangan ishlar bir tomonliq bo‘lub qoldi. Ya’ni: “Bu qiling‘an harakat va faoliyat faqatgina ijtimoiyatimizning bir sinfi bo‘lg‘an erlar sinfi uchungina maxsus bo‘lub qoldi. Ijtimoiyatning eng nozik bir yeri va balki asos bo‘lg‘an xotun qizlarning ahvoli hech bir e’tiborg‘a olinmadi”. Bu to‘g‘ri. “Turkiston”»da Toshkentdagi maktab imtihonlari to‘g‘risida bir kichkina maqola yozilib, imtihonlar natijasida qiz maktablarimizning g‘ayri oddiy (ne normalno) davom etkanliklari aytilib o‘tkan edi. Son jihatidan ham zotan juda oz bo‘lg‘an qiz maktablarimizning yana buning ustiga g‘ayri oddiy davom etishlari umumiy maorifimiz uchun katta kamchilikdir. Buning oldini to‘qtovsiz olmoq darkor. Bu to‘g‘rida markazdan ko‘ra mahallalar ko‘prak yomon holda bo‘lunalar. Ismoilzoda o‘rtog‘imizning gapiga qarag‘anda “Samarqanddek” viloyat shaharida birgina bo‘lsa ham muntazam qizlar maktabi yo‘q. Ilgarida ko‘zga ko‘rinarlik bo‘lub kelgan Bibixonim maktabi hozirda so‘ng kunlarini o‘tkazadur. Bu maktabda 20 nchi yilda 50 dan ortiq qiz bolalar o‘qug‘ani holda,endi yuksalishdan pastlashga yuz tutub, o‘quvchilari 7-8 ta qolg‘an. Bu hol – bir Samarqandda emas, har yerda shundaydir. Bu haqda o‘ylamoq, tushunmak va quruq tushunmak bilangina qolmasdan jiddiy va amaliy chora ko‘rmak yana siz va bizning vazifamiz. — Source: https://wikisource.org/wiki/Eng_muhim_bir_vazifamiz. Downloaded from uzbekai.com.