Ketding Abdulhamid Choʻlpon Yo‘ldoshim, zim-ziyo bo‘lding-da, ketding, Bor eding – yo‘qolding, o‘lding-da, ketding, Gul eding, ochilmay so‘lding-da, ketding, Yo‘qlik dengiziga to‘lding-da, ketding. Qichqirib orqangdan yugurdim, chopdim, G‘ariblar mozorin istadim, topdim, Ko‘ray deb so‘ng chog‘da telmurib boqdim, Sen esang yuzingni burding-da, ketding. Elingning tilagi yetimmi qoldi? Boshiga qayg‘uni o‘limmi soldi? Joningni tangrisi sevibmi oldi? Aytmading, og‘zingni yumding-da, ketding. Bog‘changga yosh qo‘llar ekalar gullar, Ochilmoq istaylar lola, sunbullar, Borliq kuylarini kuylar bulbullar, Sen bo‘lsa yo‘qlikka urding-da, ketding, Ko‘karmay, yasharmay, qurding-da, ketding!.. 1920–yil — Source: https://wikisource.org/wiki/Ketding. Downloaded from uzbekai.com.