Ko‘zi qotqan do‘qtur Abdulhamid Choʻlpon Bizning xarobaliqdan zorlanub yig‘lag‘an “Haqulobod” rayonidagi yirtiq to‘nlik mehnatkashlar uchun uyaz hukumatlarimiz “Haqulobod” qishlog‘ig‘a kichkina bir “Ambulatoriya”ni munosib ko‘rub, bir rus do‘qturi va pichrlari bilan yuborg‘an edi. Mehnatkashlar endi turlik-turlik kasalliklaridan osonliq bilan qutular ekan, deb xiyla suyungan edik. Ammo keyingi kunlarda “lekini” chiqib qoldi. Do‘qturning… talab qiladurg‘an nafslariga mehnatkashlarning olub kelgan tuhfalari muhtaram do‘qturni xiyla semirtirkan shekillik, yaqinda bir o‘yuni ma’lum bo‘lub qoldi. Davolanish uchun do‘qturning oldig‘a borg‘an ishonchlik bir mehnatkashning so‘ziga qarag‘anda, ushbu 2 nchi iyulda do‘qturning kasal ko‘radurg‘an “xos” xonasining oldida bir muncha erkak-xotun har kunidek navbat kutmakda ekan. Bu kishi ham eng orqada navbat kutub turgan, bir vaqt bir xotunning navbati kelib ichkariga kirib ikki minut o‘tmay shoshilgan holda o‘pkasi og‘zig‘a tiqilib chiqqanda qochqan. Muni ko‘rub hamma hayron… Ikkinchi safar kirgan xotun ham shu xilda: “Dorung boshingni yesin! Sen bilan hazillashkali kelganmanmi?! Yer yutkur o‘rus!” deb qarg‘ab, chiqib ketkan. Bu xilda xotunlarning bezanglashidan haligi kishi sekin ogohlansa, ish munday ekan: do‘qtur afandi xotunlar kirgan vaqtda eng avval: – Sening kasaling mana bu yerda ekan” deb xotunlarning badaniga sovuq qo‘lini tekizar ekan. Muni bilgan mehnatkashlar: – Do‘qturning bu “hunari”dan duoxonlarimizning o‘qub tuzatishlari ham yaxshi ekan, deb ixloslari qaytmoqdadur. — Source: https://wikisource.org/wiki/Ko%E2%80%98zi_qotqan_do%E2%80%98qtur. Downloaded from uzbekai.com.