Mahkamalarni tubjoylashtirish Abdulhamid Choʻlpon Sho‘ro mahkamalarining ishlarini tubjoy xalq tilida yurgizish masalasi bu yerda ham amaliy rang olub boradur. Muzofot inqilobiy qo‘mitasining buyrug‘i chiqqandan so‘ng Andijon shahar va uyez inqilobiy qo‘mtasining birinchi o‘ktabr majlisida bu masalaga qaraldi. Ijroqo‘m a’zolari muzofot markazining bu qarorini chin ko‘ngildan olqishlab qarshi oldilar. Ul qarorni hech bir nari-beri qilmasdan yuzaga chiqarishqa qaror berildi. Uyezning olish mahkumiga darhol tegishlik buyruqlar yuborildi. Qarorni hammadan burun inqilob qo‘mitasi o‘zi yuzaga chiqardi. Yozish-chizish ishlarini bilaturg‘an yigitlarimiz darhol ishga tortilub, inqilob qo‘mitasining ishlari o‘zbekcha yurmakga boshladi. Hozir uning hamma ishlari degundek o‘zbekcha yuradur, ruscha bo‘lagi ozgina qoldi. Shahar xo‘jaligi shoʻbasi (komunalni otdel) ham yosh yigitlarimizdan bir nechtasini mag‘hkamasiga olub, o‘zbekcha ish yuritishga qadam qo‘ydi. Lokin, uning ishlari xali ko‘prak o‘ruscha yuradur. Yaxshiroq harakat qiling‘anda, tez fursatda, unda ham ishlar tubjoylashsa kerak. Endi, navbat, maorif nazorati, yer-suv va moliya shoʻbalariga yetib qoldi. Ular aynuqsa, moliya shoʻbasi qancha qiyin bo‘lsa ham ishlarini tubjoylashtirishka tegish. Nimaga desangiz, shaharning butun qon tomiri, jon tomiri uning qo‘lida bo‘lub, yerlik xalqning butun ishi ham kelib tushadur. — Source: https://wikisource.org/wiki/Mahkamalarni_tubjoylashtirish. Downloaded from uzbekai.com.