«Mushtum»ning 25-soni Abdulhamid Choʻlpon Bu son – uning 25-nchi song‘a bitkaniga bag‘ishlanib 24 betlik qilinib, boy mundarija bilan chiqarilg‘an. Bu sonda sevgili “Julqunboy”ning yengil-yengil ravon hajivlari bor. Ayniqsa, istatistika ko‘p yaxshi chiqqan. Rasmlar qismi ham bu safar jiddiy ahamiyat berilganligini ko‘rsatadur. Faqat birgina kamchiligi borkim, u ham bo‘lsa, “Mulla Nasriddin”dan oling‘an narsalarning qaydan oling‘anligi aytilmaganidur. Masalan: shu sondag‘i “Toshfulot tajang” rasmi “Mulla Nasriddin”da bosilg‘an edi. “Mulla”ning u sonini ochiq eslay olmasam ham ko‘rganligim xotirada ravshan bor. Mundan burungi sonlarda ham shunday narsalar bo‘lg‘an edi. Uni – “Mushtum”dagi birga ishlashgan o‘rtoqlarimning o‘zlari ham yaxshi biladurlar. Har holda, “Mushtum” bizda hazilchilik, chandishchilik, tegishqoqliqning birinchi tajribasidur. Tajribamizda muvaffaqiyat qozondiq deb da’vo qilsaq haqqimiz bor. Faqat, kamchiliklarimizdan ham tonmasligimiz lozim. “Mushtum” – mundan so‘ng rasmlariga yana ham ortiqroq ahamiyat berishga, ularni Buxoro choponidek ola-bula, bachkana va ifoda (выражение) siz qilmasdan, sodda va o‘qushliq qilishqa tirishmagi lozimdur. 25-nchisonini samimiy tabrik qilar chog‘da shu kichkinagina tilakni arz qilmay o‘ta olmadiq. — Source: https://wikisource.org/wiki/%C2%ABMushtum%C2%BBning_25-soni. Downloaded from uzbekai.com.