O‘liklarga qarshi Abdulhamid Choʻlpon (Inqilobiy hukumat tomonidan shahar ichidagi qabrlar yo‘qotila boshlashi munosabati bilan) Ruhlarini boshqalarg‘a topshirib, yer ostiga yashiringan kishilar uchun yetar ortiq bu hurmat! Tiriklik qaynag‘an, turmush vulqonlang‘an, ish to‘lib-toshg‘an, kurash quturg‘an joylarda eng qimmat tuproqlarni o‘liklar egallab yotmasinlar! O‘liklarning qoni, yot islari tor, havosiz ko‘chalarimizda bug‘lanib yurib, daydi shamollarning kuchlari bilan qanotlanmasunlar! Qanotlanmasunlar-da, hayotdan qatralar emgan toza dimog‘larimizga kirib qolmasunlar! Kirib to‘lmasunlar-da, ruhimizni oz choqqa bo‘lsa-da, charchatmasunlar! Charchatmasunlarkim: Hozir charchag‘anlar uchun – yengilish, yengilganlar uchun – o‘lim! Shahar o‘rtasida go‘r nima qiladur? Yashayturg‘anlarni-da yashamasliq uchun, tiriklarni-da o‘ldirmak uchun, yer yuzidagilarni-da yer ostig‘a tortmoq uchun, kurash polvonlarini ham cholib yiqitmoq uchunmi? Qo‘ying! Dunyo ikkiga bo‘lindi, Shiddatli, uzil-kesil, jon achchig‘i kurash boradi. Shu choqda – qabrlarga hurmat, Shu choqda – o‘liklarga rioya emish… Yo‘q! Yashamoq uchun to‘suq bo‘laturg‘an har narsani, kurash yo‘lina ko‘ndalang kelaturg‘an har kuchni olib tashlamoq, og‘darib yiqitmoq chog‘i! O‘liklar ustiga tiriklar mamlakati qurungiz! Qabristonlarg‘a hayot saltanati bino qilingiz! O‘liklar tiriklarni tortmasunlar! Tiriklar – o‘liklarni tiriltish o‘yida bo‘lsunlar! Borlig‘i, yashayish uchun, bo‘g‘ushub yotg‘an el, endi o‘liklarnnng ham nozini chekmasin! Hayot, Turmush, Kurash – elning istagani! Qutulmoq uchun uyg‘oningg‘iz! — Source: https://wikisource.org/wiki/O%E2%80%98liklarga_qarshi. Downloaded from uzbekai.com.