O‘rta maktab imtihoni Abdulhamid Choʻlpon Shu hafta boshlarida Eski shahar dorulmuallimini (o‘rta maktab) shogirdlarining imtihoni bo‘ldi. Imtihon majlisiga maorif va hukumat idoralaridan kishilar va bolalarning otalari chaqirilg‘an. Majlisda odam ko‘b edi. Imtihon boshlandi. Har bir dars ustida bolalardan qiyin va uzoq so‘roqlar so‘ralib, qanoatlanurlik javoblar olindi. Tajriba bilan ko‘rsatilishi kerak bo‘lg‘an darslar (kimyo, hikmat kabi) tajriba asboblari bilan ishlanib ko‘rsatildi. Asboblarning kamchiligidan ko‘z yumg‘anda tajribalar muvaffaqiyatlik chiqdi. Imtihondan ko‘ruldiki, shogird va o‘qituvchilar o‘z saboqlarini tirishib o‘tkazganlar. Shogirdlarning handasa da’volarini isbot qilishlari, adabiyotni ochiq va to‘g‘ri tekshirishlari, sarf-nahvda juda olding‘a ketganliklari, tabiiyot va tashrih darslarini amaliy suratda ko‘rsata olishlari, ayniqsa rus tilidan o‘zbekchaga, o‘zbekchadan ruschaga osonliq bilan tarjima qilishlari va rus tili qoidalarini juda yaxshi bilishlari, anglizcha o‘quy boshlag‘anlari hammani hayron qoldirdi. Imtihon majlisi yopilg‘uncha kelgan mehmon va otalarg‘a choy-dasturxon berilib turildi. Imtihon tugagandan keyin osh tortildi. Otalar shogird va o‘quvchilar haqiga duo qildilar. Har kimda sevinch va quvonch izlari ko‘rilar edi. — Source: https://wikisource.org/wiki/O%E2%80%98rta_maktab_imtihoni. Downloaded from uzbekai.com.