«Taqsir-xo‘jayin» so‘zi yo‘qolmoqda Abdulhamid Choʻlpon Istibdod egasi “Nikolay” to‘ralaridan o‘zbeklarga meros qolg‘an “taqsir-xo‘jayin” so‘zlari bizning Haqqulobod rayonida yo‘qolmoqda. Atrof ijroqo‘mining oldiga ishlari tushub kelgan mehnatkashlar: Taqsir, bizning holimiz mundoq; xo‘jayin faloni mundoq zo‘rliq qildi… deb, o‘zlarining yuraklaridagi arzlarini qo‘rqub, qaltirab aytgan vaqtlarida rayijroqo‘m: “Taqsir bilan xo‘jayin deb, gapirmanglar! Qo‘rqmasdan, qaltiramasdan so‘zlaringni ayta beringlar! deb, arzini ishlatmasdan burun tashviqot yurguzmoqda. Va ham bo‘lus ijroqo‘m, qishloq ijroqo‘mlari orqali xalqqa “taqsir-xo‘jayin” so‘zlarining oradan ko‘tarilishi uchun tashviqotlar qilmoqda. Mana shuning uchun bu xilda chor hukumatning vaqtida davr surub, o‘zbeklar orasida odat bo‘lub kelgan “taqsir-xo‘jayin” so‘zlari o‘z mahalliy hukumatlarimiz tarafidan mana shu xilda qilib yo‘qotilsa shoyon taqdir bo‘lur ekan! — Source: https://wikisource.org/wiki/%C2%ABTaqsir-xo%E2%80%98jayin%C2%BB_so%E2%80%98zi_yo%E2%80%98qolmoqda. Downloaded from uzbekai.com.