Teatr – tomosha Abdulhamid Choʻlpon Shanba kuni – dekabrning 3-nchisida “Yetimxona” sahnasida mashhur boshqird qo‘shiqchisi Aziz al-Hamid (Al-Mahmud) bilan totor cholg‘uvchisi Saydashevning konsertlarini tomosha qildik. Aziz al-Hamidning konsertlarini birinchisi emas, bir nechanchi martaba ko‘ramiz. Shuning uchun so‘zning to‘g‘risi, bu konsertning bizga ko‘p sovuq ta’sir etganini aytmakka majburmiz. Negakim, Aziz o‘rtoq bu yo‘li sahnaga istar-istamas chiqqon kabi edi. Uning totor va boshqird tomoshachilarining ko‘ngillarida chuqur iz qoldiraturg‘on uzun va cho‘ziluvchi boshqird ko‘ylari bu yo‘li bundan ortuq bo‘lmadi. Uni eshittirgan yana bir uzun kuyida sharq qayg‘usi, sharq tushkunligi sira yo‘q. Allaqanday yot bir nusxa… Xayr, bularni qoldiraylik. Bu konsertda yangi bir “ijod”, yangi bir usul ko‘rildi. Ul-da esa boshqird-totor qo‘shiqchisi Aziz al Hamid (Al-Mahmud) tarafidan eski o‘zbek kuylarining buzilmog‘idur. Bu bobda ent boshda o‘qilg‘on mashhur (qashqarcha) kuyi naqadar buzuq, naqadar g‘ayritabiiy, ovrupolashtirilg‘on va qo‘pol edi! (Boshqirdcha) kuy eski o‘zbak kuyidir; ilgari el orasida ko‘p tarqalg‘on bo‘lsa-da, so‘nggi choqlarda yo‘q bo‘lib ketayozgan edi. Birdan oraliqda Farg‘onaning mashhur Muhiddin qorisi chiqdi va shuning sahnaga chiqishi bilan bu kuy yana taraldi. Ana ingichkalik, istagan ko‘ngillarni zavqlantirdi. Bu kuyni biz Al-Mahmud o‘rtoqdan eshittach, yana qo‘l ko‘tarib duo qildikkim, bu bechora kuyning taralganidan o‘lgani yaxshi ekan deb. Bundan so‘ng aytilgan va Hamza Hakimzoda ijodidan bo‘lg‘on (“Gʻayratsiz Turkistonim”) kuyi oz zafar bilan o‘tdi. Eng so‘ng aytilgan Gʻulom Zafariyning “Erk bolalari” operasidan oling‘on mashhur “Yor-yor” kuyi esa qashqarchaning qatoriga chizildi. Mayda tafsilotlarga kirishmayman, ular juda ko‘pdir. Yоlg‘iz shunisini aytamankim, kechadan na totor, na boshqird, na o‘zbek mamnun bo‘ldi. Bu kechada Al-Mahmud o‘rtoq naqadar ruhsiz ko‘ringan bo‘lsa, rus va ovrupo kuylari bilan totor kuylarini birga qo‘shib, ikkalasidan “atala” pishirgan Saydashev o‘rtoq yana undan-da ruhsiz ko‘rindi. Bir og‘iz so‘z uchun o‘rinsiz yerda turli “kulgi” harakat yasalg‘on artistchilikning qiliqlaridan gapirmak ham ortiqchadir. — Source: https://wikisource.org/wiki/Teatr_%E2%80%93_tomosha. Downloaded from uzbekai.com.