Zulm emas, marhamat Abdulhamid Choʻlpon Farg‘ona tuman ijroqo‘m raisi Qodir o‘g‘li Marhamat qishlog‘idan o‘z xotin bola-chaqalarini ko‘chirib kelish uchun Anjan ko‘cha 12-son uyda turuvchi savdo xizmatchilarining ittifoq raisi Tillaboy o‘g‘lini har kun militsiya idorasiga dikanglatib olib borib, bechorani eski shaharga ko‘chib tushib ketishga majbur qildi, – deb shikoyat qiladirlar. Yana kolxozdan uy so‘ralsa bo‘lmasmidi? – deb savol tashlabdirlar. Ma’lum bo‘lsunki, bu ish jabr va zulm qilish yuzasidan bo‘lmasdan hukumat qilish va siylash yuzasidan bo‘lg‘anlig‘i oyinadan ravshandir. Chunki mazkur ulug‘ dargoh sohibi bo‘lg‘an ijroqo‘m raisi mazkur Tillaboy o‘g‘lig‘a oshnachiliq va hurmat yuzasidan qaramag‘an bo‘lsa edi; komxoz yoki boshqa odamlarg‘a murojaat qilib uyini so‘rar edi; bunday katta odamlar uyingni kuydirib yuborsa ham g‘ing demasdan sabr qilib ketaber! Ul zotdan u ishlarning sodir bo‘lishi ayni marhamatdir, ey kallavaram. — Source: https://wikisource.org/wiki/Zulm_emas%2C_marhamat. Downloaded from uzbekai.com.