Abdulla Qodiriy Abdulla Qodiriy Azob bog‘chasida — yig‘i-sig‘i kechasi 23 aprel devorda «Rohat boqchasi»da bo‘laturg‘an «Qiziq kechasi»ning O‘ratepaning sufrasidek bashoratnomasini (opishasini) ko‘rdim-da, darrov himm.., isni-bisga qo‘ymasdan miyam zolig‘a umumiy majlis yig‘ib, bukun kechqurun qiziq kechasiga tashrifi qudum etmakka qaror ham berib qo‘ydim. Chunki ko‘bdan beri bunday qiziq kechalaridan chetda — nuqul qayg‘u kechalari, kulfat vodiylarida kezib, buningdak kechalarga mushtoq edim — tashna edim. Kechqurun o‘zimga o‘xshag‘an bir do‘stimning bormag‘anig‘a ham qo‘ymasdan, sudrab qiziq kechasiga yugurdik. Boqchada kishilar ko‘b bo‘lmasalar ham yo‘q emas edilar. Do‘stim bilan man ko‘bdan beri bunday madaniyat boqchalarig‘a kelmaganligimizdan, yurish-turishimiz va kiyim solimimiz vahshiylarcha bo‘lmasa ham dalatoblarcha edi. Madaniyat boqchasining madaniy yigitlari bizga: «Shu ahvollaring bilan sanlarga ham madaniyat boqchasi haymi?».., demasalar ham ularning ma’noliq etib bizga boqishlari bu so‘zni ifoda qilib bizni turtmoqda edi. Biz o‘zimizning bunday tanazzulda qolg‘anlig‘imiz uchun uyaldik, hasratlandik. Madaniyat boqchasining madaniy yigitlari o‘z yonlarida bitta-bitta topilsa «tutash», topilmasa «baba» yetaklab yurganlarini ko‘rib biz afsus qila boshladiq, chunki biz ham ovildag‘i chechalardan ikkitasini olib kelgan bo‘lsaq yetaklashib yurgan bo‘lar edik. Endi keyingi galda uch-to‘rttasini olib kelmakni do‘stimiz bilan ahd etishdik. «Qiziq kechasi»ning boshlanuvi soat 8 ga belgulangan bo‘lsa ham artistlardan ikkisining margi mafojot bilan marhum bo‘lub qolmog‘i qiziq kechasini soat 10 dan boshlamoqqa majbur etdi. Ko‘b kishilar bu ikki marhumni tuproqqa topshirmoq uchun uzatib ketkanlikdan tabiiy «Rohat boqchasi»ning xilvatxonasi tomoshachilardan bo‘sh qoldi. Shu holda o‘yun boshlanuvini kutub mudrab o‘ltursam butun xilvatxonani «shap-shup, shap-shup» bosub ketdi. Ko‘zimii ochub qarasam, qator-qator eshikdan qurbaqalar kiradirlar. — Xi, xi, xi, xi… qurbaqalar ham maxluqmi? — Maxluq, maxluq! Bular madaniy maxluqlar! Boqcha idorasi kishi yo‘qliqdan biletlarni qurbaqalarg‘a sotmay kimga sotsin? Nihoyat to‘rt ko‘z, qirq quloq bilan kutkanimiz qiziq kechasi boshlanub parda ko‘tarildi. Birinchi parda «Uy tarbiyasining bir shakli» — to‘g‘risini aytkanda chin qiziqliq. Ammo bunda boshlamasidanoq qayg‘u-hasrat isi onqub ketdi. Kulguda ishtirok etkan hamma artistlar ham margi mafojot bilan marhum bo‘lg‘an ikki do‘stlari uchun qayg‘uliq edilar. Qayg‘usig‘a chidalmagan artistlardan ikkisi ibtido parda ochilishidan o‘pkalarini tutolmay xalqg‘a orqa berib istinaga sylom berib to‘utadilar. Tag‘in birisining ko‘zidan oqqan yoshi soqolini ho‘l qildi-da, oz qoldiki soqoli tushub ketib, o‘zi sharmanda bo‘lsun. Yaxshiki, vaqtida sahnadan qochib qolib, bu rasvoliqdan qutuldi. Orsizlarning bu hollarig‘a biz tomoshachi (publik)larning ham insoniyat hislarimiz jim yota olmadi. Nihoyat, biz ham yig‘lasha boshlab piqilliy-piqilliy arang birinchi pardani tugatdik. Ikkinchi pardada «Tursunali balli bodi» o‘ynaldi. Bu pardada ham kulgu o‘rnig‘a yig‘i-sig‘i avj olib, sahna bilan zolda arosat boshlandi. Yolg‘iz zoldag‘i insonlarg‘ina emas hatto tomoshachi qurbaqalar ham churillasha boshladilar. Zol sahnada ro‘zi mahshar edi. Lekin bu favkulodda hollarg‘a chidolmagan ba’zi tentaklar kecha mudirig‘a: «Siz bilan artistlaringizg‘a bu sharmandaliklarning nima zarurati bor?» deb savol kirguzgan edilar, savollarig‘a qarshi: «O‘zi bayida shunaqa» degan javob olib biroz tinchlandilar. Man bilan do‘stim bunday yig‘isig‘i majlislaridan ortiq to‘ygan va uchunchi pardada «Hamshahar manzili» o‘ynalaturg‘an bo‘g‘anliqdan bunisini kutmay ketmakka majbur bo‘ldiq. «Birniki mingga, mingniki tumanga» degandak, yarim yo‘lg‘a kelganda militsiyalar «Voyenno‘y polojeniya» deb bizni ushladilar. Eltub yerto‘laga yotquzdilar. Butun tuni biz yerto‘lada «Qiziq kechasi» haqida ajib, g‘arib tushlar ko‘rub chiqdiq. Azob boqchasining muassasalariga va o‘zbek «orsizlar» to‘dasiga margi mafojot tilab yer to‘la ichidan: Baxtsiz kuyov Teyotr risolasi O‘YNOVChILAR: Solih — 25 yashar, kuyov bo‘ladurg‘an yigit. Abdurahim — 45 yashar, Solihning amakisi. Fayziboy — 50 yashar, Solihning qaynotasi. Domla-imom — 50 yashar. Ellikboshi — 35 yashar, yangi fikr. Boy — 45 yashar, Solihga pul beruchi, ijaraxo‘r. Rahima — 16 yashar, Solih oladurg‘an qiz. Pristuf va mirshab BIRINChI PARDA Mehmonxona, o‘ngda kiradurgan eshik, so‘lda bir teraza, qozuqlarda chopon, salla, belbog‘ va shunga o‘xshash nimarsalar, mehmonxonaning ostiga namat solingan, Solih kichikroq ko‘rpacha ustida oldiga dasturxonda non, bir choynak choy qo‘yub, nondan yeb, choydan ichib o‘lturar, bir ozdan so‘ng Abdurahim kirar. ABDURAHIM — (kirar yo‘talub) SOLIH — (Abdurahimga qarab, sakrab o‘rnidan turub) Assalomu alaykum, keling, amaki (Abdurahimni muloqotiga uch-to‘rt qadam yurar). ABDURAHIM — Vaaleykum assalom (qo‘l olishub, esonmi, omonmi so‘zlari bilan hol-ahvol so‘rashurlar). SOLIH — Qani, amaki, ko‘rpachag‘a o‘lturing! (qo‘li bilan iiyurat qilur). ABDURAHIM — Xo‘b, xo‘b, choying ham bor ekanmi? O‘zing ham o‘ltur (o‘lturarlar), omin, Alloh ishingg‘a rivoj bersun, Allohu akbar (fotiha o‘qurlar). SOLIH—Xush kelubsiz, amaki nechuk xudo yarlaqadi, kelin oyim, ukalarim, eson-omon yurubdilarmi? Qani, nong‘a marhamat qiling (choy quyar). ABDURAHIM — Xushvaqt bo‘l, Xudog‘a shukr, hammalari salomat, yangang senga ko‘b salom deb yubordi, bu kun seni to‘g‘ringg‘a bir gap chiqib qoldi. Senga ma’lum qilay. yana o‘zingni ko‘b vaqtdan buyon ko‘rganim yo‘q edi, ko‘rib ham kelay, deb keldum (non tanovul qilur). SOLIH — (choy berub) Juda yaxshi, men ham sizni sog‘ingan edim. ABDURAHIM — (piyola qo‘lida) Uyingg‘a borub kelsang bo‘lmaydimi? Necha zarur gaplar bo‘ladir, borasan deb ko‘z tutaman, bormaysan, har kuni bormasang ham besh-olti kunda bir borub tursang, ishing qoladurmi? SOLIH — Aytkaningizdek necha bora bu kun borayin deb o‘ylayman, o‘zingizg‘a ma’lum, birovning xizmatkori bo‘lgandan keyin qiyin bo‘lur ekan, boraman degan kunim xo‘jayin ish buyurub qo‘yadir, borolmay qolaman. Kecha-kechasi, hovlig‘a borub yotib kelsam bo‘ladur-ku, hovlida yolg‘uz o‘zim yotkani zerikaman, yana orasi uzoq yo‘l, bul yerda birga ishlaydurg‘an og‘a-inilar bor, har kechasi birga gaplashib yotib, birov-birovimizg‘a o‘rganishib qolganmiz, ulardan ajragim ham kelmaydur. ABDURAHIM — Xayr, undoq bo‘lsa, sendan so‘raydurgan gapim bor, agar xo‘b desang aytaman (piyolani bo‘shatub, Solihga berub). Menga choy berma, uyda juda ko‘b ichib keldum. SOLIH — Xayr, qani nima gap ekan, so‘ylang eshitay? ABDURAHIM — So‘zim shulki, ota-onangning o‘lganlarig‘a to‘rt yil bo‘lub qoldi, shundan buyon shu xo‘jayiningda xizmatda yurubsan, qancha oqcha yig‘ding? SOLIH — Oqcha yig‘olganim yo‘q, topkan pulim o‘z harajatimga ketub turibdur. ABDURAHIM — Solih bolam, aytaber, o‘ylamaki amakim mendan so‘rab olur deb, oqchang o‘zingg‘a buyursin, ko‘rqma! SOLIH — (Erga qarab, ozroq o‘ylab) Uch yuz so‘mg‘a yaqin oqcha yig‘dim. ABDU RAHIM — Balli-balli, barakalla o‘g‘lum, shul zamonda xo‘b yig‘ibsan-da (bir oz so‘zdan to‘xtab). Men seni sirtingdan necha vaqtdan buyon, otangning oshnasi Fayziboy bilan qizini senga olub bermakchi bo‘lub so‘ylashub yurar edim. Bugun erta bilan mening uyimg‘a Fayziboy kelib, agar Solihga qizimni olub beradurgan bo‘lsangiz, vaqtliroq harakat qiling, bo‘lmasa bir boshqa sovchi kelub turubdir, qizimni Solihga olub bermasangizlar, kelub turgan sovchig‘a quda bo‘lub qolsam ham ehtimol, dedi. Men unga bo‘lsa, Solihdan so‘rab, kechqurun javob beray, deb munda keldim, men sendan qancha oqchang bor, deb so‘raganimning sababi shul edi, mana, alhamdulilloh muncha oqchag‘a molik bo‘lubsan. Uylanib, uyingda ota-onangning chiroqlarini yoqsang, alarni arvohlari mendan ham ko‘broq sendan xushnud bo‘lur edi, yana o‘zing hovlida yolg‘uz yotolmayman deysan, xotun olgandan so‘ng zerikmay, hovlida yotadurgan bo‘lasan. Fayziboyni o‘zing yaxshi bilasan, dasturxonlik, obro‘lik, ham qizig‘a ko‘b mol qiladurg‘an odamdur. Endi menga, xo‘b, bo‘ladi, deb javob bersang, ertaga mahalladan ellikboshi va domla-imomni olub, Fayziboynikig‘a borub, fotiha ham, olug‘-solug‘larni gaplashib, birato‘lasiga to‘y bo‘ladurg‘an qilub kelaman, qani, nima javob berasan. SOLIH — (Erga qarab, sukut qilur). ABDURAHIM — Uyalma, bu so‘zim shari’atda bor gap. SOLIH — (Abdurahimga qarab) Yo‘q, amaki, uyalganim yo‘q, hozirda xotin olaman, degan o‘y ko‘kragimda yo‘q, hozir vaqti emas. ABDURAHIM — Nega undoq deysan, xotun olmoq farz va sunnat emasmi, xotun olmoqni vaqti-bevaqti bo‘ladurmi? Har kimg‘a vaqti bo‘lmasa ham sendek yigitg‘a zarurdur, xususan senga ham farz, ham qarzdir. Chunki uyingda hech kiming yo‘q, yana ikki-uch yil yursang, uyingni tom-devorini shikast-rextlarig‘a qaramasang, vayron bo‘lmog‘i muqarrardir. Uylangan vaqtingda uylaringg‘a qarab turarsan, mundan ham foydang bor. SOLIH — Xo‘b, tuzuk, so‘zingiz to‘g‘ri. Bu so‘zlaringizg‘a juda ishonaman, lekin zamonamizda yomon bid’at, isroflar taraqqiy topkan, uncha-muncha oqchag‘a bu vaqtda uylanmak qiyin, meni oqcham boyagi aytkanim. Sizg‘a xo‘b, xotun olaman, uylanaman desam, Fayziboy mendan zamonag‘a muvofiq oqcha olsa, ul vaqtda men qarzdor-abgor bo‘lub qolsam, ish qanday bo‘lur, hozir avf etasiz, amaki? ABDURAHIM — Voy, qo‘rqoq ekansan-ku, hozirgi zamonda qaysi bir yigit qarzdor bo‘lmay uylanyapti, ozroq qarzdor bo‘lsang, boshing omon bo‘lsa, sahalda qarzingni uzub qo‘yasan, yana Fayziboy ko‘b katta to‘y qilmayman, deydur, zamonani to‘yidek sendan ko‘b oqcha ketmasa kerak, bu senga xo‘b qulaydur, xo‘b deyaver. SOLIH — (oz o‘ylab turub) Xayr, qarzdor bo‘lub qolamanda, o‘zingiz bilasiz amaki, sazangiz o‘lmasun? Otam o‘rnig‘a otamsiz, nima qilsangiz ixtiyor o‘zingizda. ABDURAHIM — Ana endi o‘zingg‘a kelding, barakalla, balli, men bukun Fayziboyg‘a xabar beraman, ertaga ellikboshi, domlaimom bilan fotihag‘a ham olug‘-solug‘ga kelamiz deb. U l ham mahallasini kattalarig‘a xabar berub, taraddud qilib turar, Allohu akbar (o‘rnidan turub). Menga javob, vaqtlikroq Fayziboyg‘a xabar bermasam bo‘lmaydur. SOLIH— (o‘rnidan turub) Ketasizmi amaki? ABDURAHIM — Shundoq, endi omon bo‘l, mendan xo‘jayiningg‘a salom degin, xayr (chiqib ketar). SOLIH — (bir-ikki qadam yurub) Xayr, bo‘lmasa mendan uydagilarg‘a salom ayting (xomushlik bilan o‘rniga kelub o‘lturar, xalqga qarab). Qanday gap bo‘ldi, shul zamonda kambag‘al kishini to‘yig‘a bir yarim ming so‘m ketub turgan ish, boshimda otam-onam yo‘qki, meni g‘amimni yesalar va men uchun harakat qilsalar. Oh yaratkan xudoyim, o‘zing ishimni to‘g‘rilamasang, men yetim bandangning kori og‘irdur (deb ko‘z yoshi qilub cho‘ntagidan dastro‘ymolini olub, ko‘zini artar). IKKINChI PARDA Fayziboyning mehmonxonasi, so‘lda kiradurgan eshik, o‘ngda ikki daricha, mehmonxona ostiga namat, sahnani uch tarafida rasmiy ko‘rpacha, bir qozuqda qo‘l sochuq, bir tokchada bir padnus non, yana bir padnusda tarelkalarda shirinlik mevalar, ustiga dasturxon yopilgan, yana bir tokchada to‘rt dona to‘n to‘yda beriladurgan, bir ozdan so‘ng mahallasining domla-imomi bilan Fayziboy kirar. DOMLA-IMOM — Ha-ha, ish katta-ku, nima gap, men ham aytdim, bir gap bor-ku, Fayziboynikida, deb (tokchadagi to‘nlarga qarab), to‘y bo‘ladurg‘ang‘a o‘xshaydi, tokchada to‘nlar. FAYZIBOY — Qani yuqorig‘a o‘lturing, taqsir, gaplashurmiz (to‘rga o‘lturarlar). DOMLA-IMOM — Omin, Alloh ziyoda qilsun, Allohu akbar (fotiha o‘qurlar). Qani, gapiring? FAYZIBOY— Ojizag‘a Abdurahimboy ellikboshi bilan fotihag‘a kelmakchi. yana olug‘-solug‘ qilinsa ham ixtimol, shu sababdan sizni chaqirub keldimki, yurt ko‘rgansiz, yurtdagi olug‘-solug‘larg‘a tushunub qolgansiz, meni tarafimdan gaplashsangiz deb. DOMLA-IMOM — Ha, ha, ha, juda yaxshi bo‘lubdur, xudo ziyoda qilsun, Abdurahimning o‘g‘lini kuyov qildingizmi? FAYZIBOY — Yo‘q, o‘lub ketkan akasining o‘g‘lini. DOMLA-IMOM — Tuzuk, tuzuk Sobirboyning o‘g‘li Solihnimi? FAYZIBOY — Shundoq, taqsir. DOMLA-IMOM — Yaxshi qilubsiz. Mehnatkash, yetimlikda qattig‘chilikni ko‘b ko‘rgan yigit (shul vaqtda eshikdan Abdurahim ila ellikboshi kirurlar, salom berishub, domla-imom, Fayziboy o‘rinlaridan turub, kelganlar bilan ko‘rishurlar, Fayziboy mehmonlarga to‘rdan joy ko‘rsatub o‘tkuzar). ABDURAHIM — (domla-imomga) Taqsir, bir fotiha o‘qub qo‘ying. DOMLA-IMOM — (qo‘lini ko‘tarub) Omin, to‘y ustig‘a to‘ylar bo‘lsun, Allohu akbar (hammalari fotiha o‘qurlar). FAYZIBOY — (o‘rnidan turub) Xush kelubsiz, mehmonlar. HAMM ALARI — Xushvaqt bo‘ling, balli, rahmat. FAYZIBOY — (mehmonlar oldiga dasturxon solib, tokchadagi padnuslarni kelturub qo‘yar, yana samovor padnusni, piyolalarni kelturub qo‘yub, samovor keltirmoqga chiqib ketar). DOMLA-IMOM — (nonlarni sindirib qo‘yub) Qani, mehmonlar, nong‘a marhamat qilinglar (hammalari non tanovul qilurlar). DOMLA-IMOM — (Abdurahimga qarab) Juda yaxshi g‘ayrat qilubsiz, eshitib, ziyoda xursand bo‘ldum. ABDURAHIM — Shundoq bo‘ldi taqsir, men g‘ayrat qilmasam, Solihning hech kimi yo‘q, bir yoqda hovlisi buzulub ketmoqda, xotun olub bersam, uyig‘a qarab, hovlisini buzmasdan o‘lturar, deb o‘yladum. DOMLA-IMOM — Shundoq, ko‘p savobg‘a dahldor bo‘lubsiz (Fayziboy samovor olib kirub quyub, choy quymoqqa boshlar, pardaning oxirigacha, o‘lturganlarga oz-ozdan choy quyub berib turar). DOMLA-IMOM — Ellikboshi, bir fotiha qilub qo‘ysak, yaxshi bo‘lur edi (Fayziboyga qarab), siz nima deysiz? ELLIKBOShI — Juda yaxshi bo‘ladi. FAYZIBOY — O‘zlaringiz bilasiz. DOMLA-IMOM — Qani bo‘lmasa, qo‘lingizlarni ko‘taringlar (hamma.pari qo‘llarini fotihaga ochurlar) Omin, Alloh har ikkisining umrini uzoq qilib, qo‘shaqarutsun, serfarzand, serdavlat qilsun, Allohu akbar. ELLIKBOShI — (Fayziboyga qarab) Fayziboy aka, sizg‘a bir-ikki kalima so‘z aytaman, agar xo‘b desangiz? FAYZIBOY — Xo‘b, qani, eshitay, so‘ylang (hammalari tinglarlar). ELLIKBOShI — So‘zim shulki, sovchigarchilik olug‘-solug‘i so‘ylashilmasa, chunki kuyov bo‘lmish yigit o‘zingizg‘a ma’lum, yetim, ham kambag‘al. Yana olug‘-solug‘ shari’atda yo‘q gap. Olug‘-solug‘ qilinsa, kuyovdan ko‘b oqcha olinsa, qarzdor bo‘lub qolsa, yaxshi emas, deyman. Keraklik narsalarg‘a ozroqqina oqcha olub, nikohlab bersangiz, shari’atdagi ish bo‘lur edi. FAYZIBOY — Olug‘-solug‘ bo‘lmasa to‘y-to‘y bo‘ladimi? Mening ham boshimda bir qizim bor, orzu-havaslik dunyo, yaxshilab orzu-havas qilsam, degan niyatimda bor. (Domlaga qarab) Taqsir, bu kishining so‘zlari durustmi? DOMLA-IMOM — Bu kishining aytkanlaridek qilsangiz xalqqa kulgi bo‘lasiz. Olug‘-solug‘ qilinmasa bo‘lmaydur. (Ellikboshiga qarab) Olug‘-solug‘ yurtning rasmi, buni qilmang demoqingiz ayb gap! ELLIKBOShI — Men shari’ati mustafo bo‘yincha ish tutilsa deb edim, gunoh o‘tkan bo‘lsa, afv etasizlar. Olug‘-solug‘ so‘ylashilsa, so‘ylashilsin. (Abdurahimga) Abdurahim aka, siz nima deysiz? ABDURAHIM —O‘zlaringizdan gap qoladimi? Solihg‘a juda ham og‘ir bo‘ladurg‘an bo‘lmasun. FAYZIBOY — (domlaga) Taqsir, qani, olug‘-solug‘ni yurtda xo‘b ko‘rgansiz, ham eshitgansiz, so‘ylang? DOMLA-IMOM — Bo‘lmasa sovchigarchilik birla katta to‘yni bir qilub so‘ylaymizda, chunki yengilroq bo‘ladur. FAYZIBOY — Yo‘q, boshqa-boshqa so‘ylansun. DOMLA-IMOM — Hammasini bir qilaveramiz, osonroq bo‘ladur. (Abdurahim va ellikboshiga qarab) Men so‘ylay, sizlar yaxshilab tinglab turinglar, har ikki to‘yda besh yuz so‘m pul, o‘n besh qo‘y, bir ot, to‘rt botmon bug‘doy, to‘rt botmon brinch, kajavada mayiz, turshak, o‘n yashuk har xil qand va shirinlik, yigirma quyum holva, uch ming dona katta non, qozonda nisholda, qizlarig‘a o‘n bosh-oyoq kiyim, kimxob, duxoba, shohi, atlas, movut, chidagan, chit va boshqalar; har biridan ko‘ylak, kamzul va mazkurlarg‘a loyiq qimmatbaho ro‘mollar, yana uch dona paranji shohi, duxoba, adras, uch dona kavush-masxi, qavm-qarindoshlarig‘a, o‘zlarig‘a, zaifalarig‘a bosh-oyoq kiyim. ELLIKBOShI — Yo‘q, domla, juda oshirub gapurdingiz, yigitning holi o‘zingizg‘a ma’lum, jabr bo‘ladurgan bo‘lmasun. FAYZIBOY — (domlaga qarab) Juda kam aytdingiz, men munga rozi emasman. Yurt urfi qayda, ha, ha, yana necha narsalarni qoldurdingiz. (Ellikboshiga) Yana sizning oshirub yubordingiz, degan so‘zingizg‘a hayronman. DOMLA-IMOM — (Elshkboishga) O‘zingizning xabaringiz bor, Ahmadboy o‘g‘ullarig‘a qanday to‘y qilub, xotun olub berdilar. Bu ul odamning to‘yini uchqunidek ham emasku!!! ELLIKBOShI —Undoq isrofchi boylarni qo‘yabersangizchi, taqsir, hollari o‘zingizg‘a ma’lum, har kimdan qarzdor bo‘lub turub, qo‘llaridagi birovning oqchasini to‘y tomoshag‘a isrof qilib, puldorni pulini topib berolmay, sinib, mulk-ashyodan ajralub yotkanlarini ko‘rmadingizmi? Ularning to‘yshi to‘y demang, oxiri aza-ku, taqsir. ABDURAHIM — (Fayziboyga) Kamayturing. Solihni bilasiz, hech nimasi yo‘q, yetim, mundaqanggi oshuqcha olaman demang! FAYZIBOY — Hali men munga ko‘nmayman, domla juda kam aytub qo‘ydilar. DOMLA-IMOM — (Fayziboyga) Mayli, kam bo‘lsa ham, chunki kuyovingiz yetim yigit, shuning uchun ortuqcha aytmadum, (Abdurahimga) Sizlardan bu pul va boshqa narsalarni olgani bilan o‘zig‘a sarf qiladur, hamyong‘a soladur, deb o‘ylamang? FAYZIBOY — Men sizlarg‘a nom-banom tushunduray, so‘ragan g‘allalar to‘yni olishg‘a, ham nonig‘a ketadur. Qo‘y va otlar so‘yilub, yog‘-go‘shti oshga ketadur, buning ichida charlar, yuz ko‘rsatarlari ham bor. Pulg‘a mis asbob, ikki dona palak, ikki dona gulko‘rpa, sakkiz dona dorpo‘sh, qizimg‘a bo‘yuntumor, qo‘ltuqtumor, tillaqosh ziraklar, mundan boshqa mayda-chuyda narsalar bilan tamomlanadur. Nonlar bo‘lsa, to‘yg‘a kelganlarg‘a tarqatiladur, holva, boshqa narsalar ham. Endi tushundingizlarmi, menga mundan nima qoladur. ELLIKBOShI — Men sizdan so‘rayin, mis asboblar keraklik narsalar, munga ko‘b ketkandan bir yuz so‘m ketadur, palak, gul-ko‘rpa, dorpo‘sh, bo‘yuntumor, qo‘ltuqtumor, tillaqoshlardan nima foyda chiqadur, ular nimaga kerak? FAYZIBOY — Palak, gulko‘rpa, dorpo‘shlar to‘yda uyni ziynati, tumor, tillaqoshlarni qizimiz taqadur. ELLIKBOShI — Uyg‘a bulardan boshqa ziynat qurib qolibdurmu? Qizingizg‘a shang‘ir-shung‘ir qilub tuya misollik tumor taqqandan nima foyda, men bularning hammasini bilaman, besh-olti kundin so‘ng sanduqda yotadur, alarni sanduq huzurini ko‘radur, tiying‘a arzimaydurg‘an narsalarga kuyov bechoradin ko‘b oqcha olub ko‘chadagilarg‘a osh, non berub isrof qilsangiz, yana keragi yo‘q, palak-xalak, tumor-pumorlarg‘a pul isrof qilsangiz, kuyovingiz bechora qarzdor bo‘lub qolsa, g‘am-anduhini qizingiz birga tortadur, shari’atg‘a muvofiq to‘y qilsangiz, kuyovingiz beqarz bo‘lsa, qizingiz bahuzur, beg‘am umrguzaronlik qiladi. FAYZIBOY — Hali ham men, patirushatar, sovchigarchilik so‘raganim yo‘q, mundan ortuq shari’atdagi to‘y qandoq bo‘ladi? ELLIKBOShI — Shari’ati mustafoda shundoqki, kuyov tarafidin qizg‘a mahr ta’inlamoq, so‘ngra bir kosa suv bilan nikohlamoq. Muhammad alayhissalom yigitdan pul olg‘il, palak, gulko‘rpa, dorpo‘sh, tumor, qo‘ltuqgumor qilg‘il, yigit qarzdor bo‘lub qolsa ham mayli, deydilarmu? Hozirda biz turkistonliklardin boshqa jumla musulmonlar, xususan Makka, Madina, Istambullilar yuqoridagi aytkanimdek qilib qizni erga beradurlar, kuyovdan oqcha so‘ramoqni nomusulmonlik deb biladurlar va bizlardek isrof qilmaydilar. (Domlaga qarab) Taqsir, siz ham tolibi ulumsiz, Xudo va rasulimizning buyruqlari shundoq emasmi? Va bu kishining so‘raganlari shari’atdan tashqari emasmi? DOMLA-IMOM — Har joyni musulmonlarining bir rasmi bo‘ladi, bizlarg‘a ham shundoq qilmoq rasmdur. ELLIKBOShI — Har joyning musulmonlarini emas. Boshqa viloyat musulmonlari shari’atka muvofiq rasm bilan qiladurlar. Ammo bizlar shari’atka teskari johiliyat zamonidan qolgan bid’at ila qilamiz. FAYZIBOY — Agarda bizlar shari’atka muvofiq qizimizni erga bersak, xalq bizni ayb qilub kuladilar, munga nima deysiz, bizni xalqg‘a kulgi bo‘lganimiz yaxshimi? ELLIKBOShI — Xalq shari’atni masxara qiladilarmi? Siz meni aytkanimni qilabering, xalq sizdan kulsa, shari’at buyrug‘ini qildim desangiz, hech kim nima deyolmaydur, agar ayb qilsa, gunohkor bo‘ladur. FAYZIBOY — Mundoq so‘zni uzub, ulaydurgan ekansiz, juda meni garang qildingiz, endi bo‘ldi, bo‘ldi. Domla-imomning aytkanlarini bersalaringiz mana, bo‘lmasa o‘zlaringiz bilasiz, men yurtning rasmini tashlab, qizimni erga berolmayman, endi gapni ko‘b cho‘zmang, ming gapurganingizda zarracha menga ta’sir qilmaydur. ELLIKBOShI — Xayr, xayr, mendan o‘tkan bo‘lsa afv etursiz, men sizg‘a kuyovingizga qarindosh emasman, shunchaki, shundoq bid’atlar bo‘lmasa edi, deb so‘zni uzaytirdim. Jabr qilsangiz kuyovingizg‘a qilursiz, gunohi bo‘yningizg‘a, menga nima foyda, nima zarar (erga qarab sukut qilur). DOMLA-IMOM — (Abdurahimga qarab) Siz xo‘b deyabering, bundaqangi yahman deb o‘lturmang, to‘yg‘a ketkan oqchani Xudo o‘zi yetkuzadur, qarzdor bo‘lsa bo‘lar. Qarz uzilar, xotun yonga qolar, degan so‘z bor. Ellikboshi qayog‘dagi bo‘lmagan so‘zlarni gapurib, sizni sustlanturib qo‘ydilar, ul kishining so‘zini qo‘yabering. ABDURAHIM — Xayr, bo‘lmasa bilganlaringizni qilinglar. DOMLA-IMOM — Qo‘linglarni ko‘taringlar! (Hammalari fotihaga ochurlar, domla ichida uzoq duo qilur) Omin, Allohu akbar, barakallo! (Abdurahim va Fayziboyga qarab) Endi muborak bo‘lsun! ABDURAHIM va FAYZIBOY — Qulluq, qulluq. FAYZIBOY — (Abdurahimga qarab) To‘yni ushbu ta’yin bo‘lgandan kam yuborsangiz, hech ko‘nmayman, so‘ylashkanni batamom yuborursiz! ABDURAHIM — Xotirjam bo‘ling, bir nima qilurmiz. ELLIKBOShI — (o‘rnidan turub) Endi menga javob, ketaman (Eshikga qarab yurar). FAYZIBOY — O‘ltiraturing, osh tayyor! ELLIKBOShI — Balli rahmat, yegandek bo‘ldum (hammalari o‘rinlaridan turarlar). FAYZIBOY — Sizlar o‘lturibsizlar-da. DOMLA-IMOM — Yo‘q, bizlar ham ketamiz. FAYZIBOY — To‘xtanglar bo‘lmasa (chakmon turgan tokchadan chakmonlarni olub, domlaga, Abdurahimga kiyguzarlar, ellikboshiga navbat kelganda kiymas). FAYZIBOY — Sabab, kiymaysiz? Boyagi gapimg‘a xafa bo‘ldingizmi? ELLIKBOShI — Yo‘q, to‘n kiymayman, deb ahd qilg‘anman. FAYZIBOY—To‘ynikini kiyganingizda yaxshi bo‘lur edi, chunki to‘yniki tabarruk edi. (Abdurahimga qarab) Ertaga xotunlar bilan bamaslahat to‘yning xabarini berarman. ABDURAHIM — Xo‘b, xo‘b (hammalari chiqub ketarlar, Fayziboy sahnada xayr, xayr deb qolur). Parda tushar UChUNChI PARDA Solihning uyi, so‘ldan kiradurgan eshik yonida daricha, sahna ostiga oq, eski namat solingan, to‘rdauzun, eski ko‘rpacha solugluq, tokchalarda niyola, eski choynak, qoraqumg‘on va boshqalar, parda ko‘tarilgan vaqtda Solih sahnani supurub yurar. ABDURAHIM — (kirar) Ey bolam, shundamuding, seni xo‘jayiningnikida deb borgan edim. Yo‘q ekansan, juda ovora bo‘lub qaytdim, uyingg‘a kelgan ekansan, men keldim deb, menga xabar bersang bo‘lmasmudi, men ovora bo‘lub xo‘jayiningnikig‘a bormas edim (to‘rga chiqib ko‘rpachaga o‘lturar). SOLIH — (Supurgusin bir chekkaga tashlab) Keling amaki, uydan bir xabar olay, deb bu kun shunda kelgan edim, sizg‘a xabar bermaganimning vajhi uyingizda bormusiz, yo‘qmusiz deb o‘yladim. (Abdurahimning yoniga o‘lturar). ABDURAHIM — Yaxshi kelubsan, meni senga biroz gaplarim bor edi, juda terlab-pishib ketdum (boshidan sallasini olub, yoniga qo‘yub, dastro‘ymoli bilan o‘zini biroz yelipur). SOLIH — Amaki, choy-non olub kelaymu? ABDURAHIM — Yo‘q, choy-nonning vaqti bor. Kecha seni javobing bilan mahalladan Mulla Karim ellikboshini olub Fayziboynikig‘a fotiha, ham olug‘-solug‘ga borduk, bilmayman nima balo bo‘ddi, Fayziboy qadimg‘i va’dalaridan qaytdimu? Yurtdagi rasmni olaman, deb kichkina to‘yg‘a ko‘nmadi. Ellikboshi bechora shari’atdan undoq-mundoq deb ko‘b gapurgan edi, bechorani ko‘b beobro‘ qildi, Fayziboyning mahallasining domla-imomi yomon odam ekan, yurt urfi tark bo‘lmasun deb, Fayziboyni quturtirdi, men noiloj bo‘lub, oshiq bo‘lsa ham xo‘b bo‘ladi, deb ko‘nub, chopon kiyib keldum, uyda cho‘tlab boqsam, to‘yg‘a taxminan bir ming besh yuz so‘m ketar ekan. SOLIH — Bundaqangi og‘ir narsalar so‘ragan bo‘lsa, bo‘lmaydi, deb quda bo‘lmay kelganingiz yaxshi edi, qancha oqcha va qanchadan g‘alla olar emish? ABDURAHIM — Besh yuz so‘m pul, to‘rt botmondan g‘alla, shunga o‘xshash mayda-chuydalar. SOLIH— (ko‘zlari olayib) Voy bayov, bu qandaqangi gap, mayda-chuydasini o‘zig‘a ham yetti-sakkiz yuz so‘m ketadur, meni o‘zingiz bilasiz, undoq oqcha va g‘allalar berub xotun olmoqg‘a quvvatim yetmaydur. Qarzdor bo‘lmog‘im oniq ko‘runub turgan ish, hali ham buncha narsa berub xotun ololmaydur, deb javobini bering. ABDURAHIM — Endi bo‘lar ish bo‘ldi. Besh-olti yuz so‘m qarzdor bo‘lsang-bo‘lubsan, quvvatim yetmaydur, demoq yigit kishig‘a ayb gap, endi tishingni-tishingg‘a qo‘y, undaqangi gapingni qilma! SOLIH — Yo‘q, javobini bering, hozir qarzdor bo‘lub xotun olmayman. Qarzdor bo‘lsam qarzimni kim beradur (yuzini teskari qilur). ABDURAHIM — Ey, ahmoq ekansan-ku, yaramas gaplarni gapurma. Fotiha Xudoning muhri, debdurlar, fotixadan qaytsang kishini fotiha uradur, «Keyingi pushmon jonga dushman» degandek, bir kasalg‘a yo‘luqub, keyin pushaymon bo‘lub yurma. Yana mening fe’limni aynatma (zarda va achchiqlar bilan gapurar). Qarzdor bo‘lsang bir gap bo‘lub ketar, o‘rtada turganni uyalturub qo‘yadurgan ish qilma. SOLIH — Xayr, men ko‘ndum, endi kimdan qarz so‘rayman, men hech kimni tanimasam! ABDURAHIM — Sen munga tashvish qilma, men kecha Qosimboy bilan so‘ylashkan edim, senga oqcha qarz bermoqchi edi. Men Qosimboyning oldig‘a borub, munda olub kelurman. Qancha ijara olaman desa, xo‘b deyaber (Sallasini kiyib, o‘rnidan turub, chiqib ketar). SOLIH — (Abdurahimning ketidan gapurmoqchi bo‘lub, gapurolmay qolur, xalqga qarab) Menga xotun olmoq bir baloyi azim bo‘ldi, olmayin desam, amakimning achchig‘i boyagi, olaman desam, bir talay qarzdor bo‘lub qolsam. Endi qandoq qilaman? Ey Xudo, o‘zing oson qil. Bu nima degan gapki, xotun olmoqg‘a bir yarim ming so‘m pul ketsa?! Rahmatli dadamdan eshitar edimki, onangni dadasi menga bir tiyin chiqimsiz qizini nikohlab bergan edi deb. Yana bobom rahmatli madrasag‘a mudarris edilar, ul kishi shari’atg‘a muvofiq ish qilganlarmi yoki muvofiq emas? Albatta, muvofiq bo‘lsa kerak, chunki bobom Turkistonda birinchi ulamolardan edilar. Endi — bu zamonda olug‘-solug‘, g‘alla, yana nima balolar chiqib ketdi, xotun olgan yigit qarzdor bo‘lmasdan uylana olmaydur. Qanchalari yer-joylaridan ajramoqdalar. Mana men ham o‘shalarning jumlasidan bo‘ladurg‘ang‘a o‘xshayman. Ey Alloh, bul bid’atlarni o‘zingdan boshqa chorasini topolmaydi, o‘zing oson qil. (Mundan so‘ng qovohini solub, xafa bo‘lub o‘lturar, bir ozdan keyin Abdurahim kirar). ABDURAHIM — (kirar) Tur, Solih, o‘lturma, boy keldi, pul so‘rasam yo‘q demagil, agar yo‘q desang, juda xafa qilaman, salom berub boy bilan ko‘rush! SOLIH — (sakrab o‘rnidan turar, Abdurahimga) Shundami boy? ABDURAHIM — Ha, shunda (egiikga qarab) Kirabering boy aka. BOY — (kirar). SOLIH — (salom berub ko‘rishar, boyni yuqoriga chiqarub o‘lturarlar). BOY — Omin, qadam yetdi, balo yetmasun, Allohu akbar (hammalari fotiha o‘qurlar). ABDURAHIM — (o‘rnidan turub) Xush ko‘rduk, boy aka. BOY — Xushvaqt bo‘ling, rahmat. (Solihga qarab) — Bolam, sizg‘a oqcha kerakmi? SOLIH — Shundoq boy aka! BOY — Qancha oqcha kerak, bir-ikki yuz so‘m bo‘lsa bo‘ladimi? SOLIH — Amakim biladilar. BOY — (Abdurahimga qarab) Keragini ayting (erga qarab o‘lturar). ABDURAHIM — To‘qquz yuz so‘m bo‘lsa bo‘ladi. BOY — Juda yaxshi, necha oyda berasizlar? ABDURAHIM — Xudo Solihga quvvat bersa, bir yilda beradi. BOY — (Solihga) Men shu shartlar birlan oqcha beramanki, avval to‘qquz yuz so‘mg‘a bir yuz so‘m ijara qo‘shub berib, bir ming so‘mg‘a xam veksil berasiz ham hovli va hovlidagi hamma narsalarni natariusdan garov (zalo‘k) qilub berasiz: «Sro‘gida bersam xo‘b, bo‘lmasa hamma hovli va hovlidagi hamma narsalarim shul boyniki» deb, ikkinchi, olti oydan bir kun o‘tquzmasdan pulimni batamom berasiz ham hujjatingizni olasiz, agar shul shartlarg‘a xo‘b desalaringiz, oqcha beraman, bo‘lmasa yo‘q. ABDURAHIM —Ijarasini kamroq qiling va sro‘gini bir yil qiling, toki to‘lamoqg‘a oson bo‘lsun, yana Solih veksilni o‘zini bersa bo‘ladi, chunki hamma boylarg‘a odat shul, garovni qo‘ying! BOY — O‘zingiz bilasiz, zamon yomon bo‘lub ketkan, bu vaqtda birovning haqida hech kim qo‘rqmaydur, shunchaki ishonishka garov qilub olaman, ham o‘zimning odatim hamisha shundoq, ijarasini kamayturolmayman, sro‘gi ham shundoq. ABDURAHIM — Har nima bo‘lsa ham sahal jo‘nroq qiling, Solihga jabr bo‘lmasun. BOY — Men bir gapuraman, aylanturub o‘lturushg‘a tobim yo‘q, bo‘lsa xo‘b deng, bo‘lmasa menga javob bering. ABDURAHIM — Xayr, nima desangiz shul, men nima ham dedim (erga qarab o‘lturar). BOY — (Solihga qarab) Veksilg‘a qo‘l qo‘yishni bilasizmi? SOLIH — Ha, boy aka, bilaman. BOY — (Solihdan) Juda yaxshi, hovlining necha sarjinligi ma’lummi? SOLIH — Ha, ma’lum, ilgari kuni o‘lchatkan edim, jam’i to‘qson sakkiz sarjin keldi. BOY — (cho‘ntagidan qogoz-qalam olub, Solihga) Hovlini g‘arb tarafi kimg‘a muttasil? Sharqi kimg‘a muttasil? Janubi kimg‘a muttasil? Shimoli kimg‘a muttasil? SOLIH— (qo‘li bilan to‘rt tarafga ishorat qilub) Buyoq Eshmuhammad akag‘a, buyoq Tursun akag‘a, buyoq Karimboy akag‘a, buyoq Abdurahim amakimg‘a. BOY — (yozub olub) Barakallo, endi bo‘ldi, turinglar, natariusg‘a boramiz, vaqti o‘tmasun, pulni ham o‘shal joyda beraman. ABDURAHIM — Avval choy ichib olayluk, sizg‘a choy keltursun? BOY — Balli, rahmat, natariusni vaqti o‘tmasun, Xudo xohlasa, boshqa vaqtda ichamiz. ABDURAHIM — (Solihga) Tur, vaqtliroq borayluk. SOLIH — Xo‘b (hammalari chiquishb ketar) Parda tushar TO‘RTINChI PARDA Uchunchi pardadagi sahnaning ayni, faqat kelinlarining uyidek dorpo‘shlar osilinur va taxtmonning ustidan kirpo‘sh osilinur, tokchalarga har xil asboblar qo‘yilur, to‘rga ko‘rpacha solingan, ustida Rahima xalqga qarab do‘ppi tikub o‘lturar. Birozdan keyin Solih kirar, povestka ko‘tarub. SOLIH — (qo‘lida povestkani ko‘tarib, xafalik qiyofatda qovog‘ini solub) Oh, nima balolarg‘a giriftor bo‘ldum, qandoq mushkul ishlarg‘a qoldum, oh, esiz boshim (sahnaning to‘riga — Rahimaning yoniga o‘lturar). RAHIMA — (Solihning basharasiga qarab) Nega xafag‘a o‘xshaysiz, kim chaqirg‘an ekan? SOLIH — (erga qarab o‘lturub Rahimaga javob bermas). RAHIMA — Nega gapurmaysiz, qo‘lingizdagi qandaqa qog‘oz? SOLIH — Ey-y, so‘rab nima qilasan, sho‘rim quridi-ku? To‘ydagi qarzimni va’dasidan uch oy o‘tkan edi. Bu kun soat 12 g‘acha pul topub bersam xo‘b, bo‘lmasa boy ila sudya, pristuf tushib hovlimni, mollarimni o‘zig‘a o‘tkuzar emish, oh, sho‘rim qursin, oh (tizzasiga urar, ho‘ngrab yig‘lar), oh, sen bilan mening holimiz xarob. Bizlar, bizlarni ko‘chag‘a haydar emish, oh, qaydan men dunyog‘a kelgan ekanman (cho‘ntagidan dastro‘ymolini olub ko‘zini artur). RAHIMA — Bo‘lmasa, soat 12 g‘acha to‘layolmaysizmi? SOLIH — Nimani to‘layman! Hol-ahvolimo‘zingga ma’lumku yana mendan to‘layolmaysizmi, deb so‘ragani uyalmaysanmi? Menda soat 12 g‘acha naqd bir ming so‘m qayda bo‘ladur? RAHIMA — (erga qarab yig‘lar va Solihga) Amakingizdan oqcha so‘ramadingizmi? SOLIH — So‘radim, pulim yo‘q dedi, u bechoradan ham ellik so‘m olub, yana to‘xtarmukin, deb boyg‘a pulining ijarasig‘a berganman (er-xotun yig‘lashurlar, shul vaqtda Fayziboy kirar). FAYZIBOY — Ha, nima gap, nega yig‘lashib o‘lturubsizlar? (Solihning oldiga kelub o‘lturar). SOLIH — (yoshini artub) O‘zingizning xabaringiz bor, to‘yda bir ming so‘m qarzdor bo‘lub, hovli, ashyoni puldorg‘a garov qilub bergan edim, va’dasidan uch oy o‘tdi, to‘layolmadum, bukun soat 12 da boy bilan sudya, pristuf tushub, hovli va ashyolarni o‘zig‘a o‘tkuzub, bizni haydab, butun chiqarar emish, xonavayron bo‘lganimizg‘a yig‘lashamiz (ho‘ngrab yana yig‘lar). Endi umidimiz sizdan, bir iloj qilub yordam qilmasangiz, sizdan boshqa tayanadurganimiz yo‘q (povestkani berar). FAYZIBOY — (povestkani olub, biroz o‘ylab turub) Men qandoq qilaman, bir tiyin oqcham yo‘q, uyog‘ini so‘rasangiz, shu kecha-kunduzda ovqatg‘a ham pul yo‘q. Abdurahim amakingizdan so‘ramadingizmi? Bir iloj qilsa bo‘lmasmu edi? SOLIH — So‘radim, uni ham oqchasi yo‘q ekan. FAYZIBOY — (Povestkani yerga qo‘yub, o‘rnidan turub, qiziga) Qizim, men seni ko‘rgani kelgan edim, yig‘lama endi, omon bo‘l, zeriksang hovlig‘a borub kel! (Chiqib ketar). RAHIMA — (yuzini o‘rab, otasiga qaramasdan yig‘lab qolur. Fayziboy chiqib ketkandan so‘ng ketidan) Har ishni siz qildingiz, kuyovingizdan ko‘b oqcha olmay va isrof qilmaganingizda, kuyovingiz qarzdor bo‘lmas edi va mundoq tashvishka qolmas eduk (yana yiglar). SOLIH— (o‘rnidan turub, eishkni mahkamlab kelub, tokchadan bir pichoq olib Rahimaga) Endi mendan rozi bo‘l, sharmanda bo‘lganimdan o‘zimni-o‘zim o‘ldurganim yaxshi. RAHIMA — (sakrab o‘rnidan turub) Sizg‘a nima bo‘ldi, voy o‘lay (Solihning pichoqlik qo‘lini ushlar). SOLIH — Hovli, ashyodan ajralub, ko‘chada qandoq, yura olaman, undan ko‘ra o‘lganim yaxshiroq, qo‘y qo‘lumni, mendan rozi bo‘l, men ham roziman (qo‘lini siltar, Rahima qo‘ymas). RAHIMA — (qattig‘ ovoz birla yig‘lar va yalinur). SOLIH — Ushlama, o‘zingni-o‘zing xafa qilma, o‘zimni o‘ldurmasam iloji yo‘q. RAHIMA — Bo‘lmasa men sizdan ajralib dunyoda turolmayman, avval menga pichoq urub o‘lduring. Sizni o‘ligingizni ko‘rmoqg‘a toqatim yo‘q, ko‘rmay ham kuymay! (Ko‘kragini tutubberib, yiglab turar). SOLIH — Qo‘y, yosh joningg‘a jabr qilma, seni o‘ldurushg‘a qo‘lim bormaydi (elkasiga qo‘li bilan qoqar, ikkalasi yig‘lashurlar). RAHIMA — O‘zingizni o‘ldurar bo‘lsangiz, avval meni o‘lduring, sizdan ajralib turolmayman bu dunyoda. SOLIQ — Seni o‘ldurishka aslo qo‘lim bormaydi, sen bu dunyoda tur, meni o‘lganim yaxshiroq (o‘z-o‘ziga pichoq urmoqchi bo‘lar). RAHIMA — (sakrab Solihdan pichoqni olib, o‘z biqiniga urar, chalqanchasiga yiqilur, qo‘lidan pichoq bir tarafga tushar, tipirlar va ohlar tortar, jon berar). SOLIH — (Yig‘lay-yig‘lay qoziqdan joynamoz olub kelib Rahimaning ustiga yopar va yuzidan o‘pub, Rahimaga qarab) Ey vafodor yorim, meni deb shirin joningdan kechding, mahshar kuni Xudo va rasul alayhissalom oldida meni erim jabr bilan o‘ldurdi demagil, ajalingga men sabab bo‘lmadim, balki o‘zingning otang sabab bo‘ldi. Mendan shari’atdan tashqari oqcha olib qarzdor qildi va yosh umrimizni xazon qildi. Seni va meni bevaqt o‘lumimizg‘a isrof sabab bo‘ldi. Xudo xohlasa, mahshar kunida otang Fayziboy javobgar bo‘lsa kerak. Oh, esiz yosh jonim, ey xudovandim! Bizlarni o‘limimizg‘a sabab bo‘lgan o‘zingg‘a ma’lum (Rahimaning bosh tarafiga o‘tub o‘ziga birdan pichoq urub, yiqilib, xirillab-xirillab jon berar. Birozdan so‘ng boy, pristuf kirarlar). BOY VA PRISTUF — (o‘lub yotganlarni ko‘rub cho‘chub, bir chetda mo‘ralab, qarab turar, pristuf huitak chalur, o‘zi o‘luklarni ko‘kragiga quloq solub). PRISTUF — (boyga) Dusha net, kajetsya sebya ubivali. BOY — Neznayu (shul vaqtda mirshab, Abdurahim, ellikboshi, Fayziboy, domla-imom yugurushub kirarlar). FAYZIBOY — (yugurub borub, qizini o‘luk ko‘rib, ho‘ngrab yig‘lamoqg‘a boshlar) Voy bolam, voy bolam! ABDURAHIM — (Solihning ustiga o‘zini tashlab) Yetimginam bolam, voh bolam, oh bolam!.. (Abdurahim, Fayziboy sekin-sekin yig‘lab, o‘luklarning oldida o‘lturar, boshqalari qator turarlar). ELLIKBOShI — (boyga) Boy aka, nima voqea bo‘ldi, bularni kim o‘ldurdi? BOY — Bizlarning xabarimiz yo‘q, meni Solihda bir ming so‘m pulim bor edi, va’dasidan uch oy utkan edi. Bukun povestka yuborgan edimki, soat 12 gacha bersang xo‘b, bo‘lmasa uyingni o‘zumga o‘tkuzub olaman deb. Povestka bergang‘a aytkan ekanki, «Bu kun pristuf tushadurgan bo‘lsa, men bunday sharmandalikg‘a chidolmayman, o‘zumni o‘zum o‘lduraman» deb. Biz pristuf bilan kelub, shul voqeani ko‘rduk, mundan boshqa gapdan xabarimiz yo‘q. (Pristufga) Shundoqmi to‘ra? PRISTUF — Shundak, shundak, bizniki shuni ko‘rdi. ELLIKBOShI — Xo‘p, tushundim, hovlisidan ajralganig‘a chidolmay, o‘zini o‘lduribdur, xotini ham erining o‘luvig‘a chidolmay, ul ham o‘lgang‘a o‘xshaydur (Fayziboy va Abdurahimga) yig‘idan to‘xtanglar, yig‘ining foydasi yo‘q (to‘xtarlar). ELLIKBOShI — Fayziboy aka! Kuyovingiz birla qizingizning o‘limig‘a nima sabab bo‘ldi, bilasizmi? FAYZIBOY — Yo‘q, sababini bilmayman. ELLIKBOShI — Men sizg‘a sababini aytsam, sizni bekor shari’atdan tashqari to‘y qilub, kuyovingizdan ko‘b oqcha olub, qarzdor qilganingiz sabab bo‘ldi. O‘shal vaqtda men sizg‘a aytdim, bekor isrof qilmang, kuyovingizdan ko‘b oqcha so‘ramang, yurtka obro‘ qilaman deb, osh-non berub, Xudo va rasulning buyrug‘laridan chiqmang, dedim. Siz meni so‘zimni quloqg‘a olmadingiz va shari’atg‘a bo‘yunsunmadingiz va meni beobro‘ qildingiz, mana kuyovingiz qarzdor bo‘lgan ekan, mulk-ashyodan va shirin jondan ajrabdir. Siz ham joningizdin, shirin qizingizdin ajraldingiz. Bu dunyoda ko‘rgan g‘am sizg‘a g‘am emas, mahshar kuni Xudovandi karim oldida itobg‘a qolmog‘ingiz emdi uyog‘da turubdir. (Xalqga qarab) Sizlar ham shundoq isrof qilmoqdasiz. Isrofning ziyonini ko‘rdingizlar, Fayziboydan ibrat olinglar, ko‘rdingizlarmi, isrof qilub, oxiri holi nima bo‘ldi? Shari’ati mustafog‘a bo‘yunsuninglar, endi ko‘zlaringizni ochinglar. Bid’atto‘yg‘a isrof bo‘ladurgan oqchag‘a o‘g‘lingizlarni o‘qutinglar, yoki jamiyati xayriyag‘a iona qilinglar. O‘g‘ul o‘qutmoq yaxshi ham farzdur, to‘yg‘a isrof qilmoq bid’atdur. Yana qiz erga bermoqni og‘irlashdurganlaringizni bir katta ziyoni shulki, ba’zi yigitlarimiz o‘ttuz-qirq yoshg‘acha uylanmay yurarlar. Sababi esa xotun olmoq og‘irlashgani, unga bir ming so‘m, bir yarim ming oqcha kerak bo‘ladur. Bul oqchani topolmay, noiloj bo‘lub… qanday noma’qulchiliklar qilub nomimizni yomonlikg‘a chiqarub, butun islom olamini bulg‘atadurlar. Munga kimlar sabab bo‘ldi? Albatta, qizlik otalar. Muni gunohisi kimga? Albatta, qizlik otalarg‘a, chunki shari’atda yo‘q narsalarni olaman, deylar va yigitlarimizni mundoq narsalar beruvg‘a quvvatlari yetmaydur-da, shunday badkorlikni ixtiyor qiladilar. Yana qizlik otalarg‘a aytamanki, qadimg‘i odatimizni tashlasak, xalqg‘a kulgi bo‘lamiz, deb o‘ylamasunlar. Kulgan kishilar, gunohlari azm bo‘lib, shari’atg‘a bo‘yunsunmagan bo‘ladurlar. (Fayziboyga) — Endi sizg‘a Xudo sabr bersun. Yig‘ining foydasi yo‘q. Har narsa qildingiz, o‘zingizg‘a qildingiz, o‘z oyog‘ingizg‘a bolta urdingiz. (Boyga) — Bir-ikki kun to‘xtang, o‘luk ko‘milgandan so‘ig xovlini sotdirub olursiz. BOY — Xo‘b, bo‘lmasa, o‘zingiz mollarni saxlab berasiz. ELLIKBOShI — Juda yaxshi (boy, pristuf chiqib ketar, xalqqa) Har mahallaning domla-imomig‘a zarurdurki, o‘zining qavmig‘a mundoq ishlarning ziyonini bildurub, man’ qilmog‘i va shari’atda yo‘qligini bildirmog‘i. (Domla-imomga qarab) — Taqsir, siz ham shunga sabab bo‘ldingiz. Agarda siz mening yonimg‘a qo‘shulub, Fayziboyni qaytarganingizda mundoq isrof qilmas edi. DOMLA-IMOM — Men bilmadim, peshonasida bor ekan. MIRShAB — Endi hammalaringiz chiqingizlar. Men uyni quluplab olaman, hozir do‘xtur kelsa kerak (hammalari chiqarlar, mirshab ham eshikni berkitub chiqib ketar). Bildirishlar YO‘QOTDIM Basharalarini sepkil bosg‘an, yengil xizmatka xo‘y qilib olg‘an sakkiz bosh marja yo‘qotdim. Da’volari barishnalik bo‘lsa ham o‘zlari homilaliklar. Darak berguchilarga suyunchi berilur. Agarda Shayxantahur mozoridan topilib qolsalar, e’tibordan soqitdirlar. Mirzavits KAMISIO‘NNIY MAGAZIN OChILDI Shaharda mashhur ishonchliq muttahamlardan iborat kamisio‘nniy magazin ochildi. Dunyoda bor hamma narsalarni, masalan: odam, qumg‘on, jovli, toshbaqa, qurbaqalarni sotib bermakka qabul qiladir. Kamisiya haqi juda arzon: sotilib berilgan molning oqchasi arra. Oqcha berishda ham boshqalar kabi qistatilmaydir. Yarmisini mol sotilg‘anda berilmaydir, qolg‘an yarmisini sira ham berilmaydir. «TILXAT» Mankim, Turkiston o‘zbeklarining vakilidirman: Beraman ushbu tilxatni Tatariston vakili ibdash Abdurahmon Sa’diyga shul xususdakim, Chingiz, Oqsoq Temir, Ahmad Yassaviy, namangonlik Shoh Mashrab, Abu Ali Sino… bularning hammasi ham tatardirlar. Tatar qarindoshlar mazkurlarni har bir yo‘sun bilan tasarruf etmakka haqlidirlar. Oqsoq Temir, Ahmad Yassaviy, Shoh Mashrab marhumlarning qabrlarini buzub na’shlarini Tataristong‘a ko‘chirilganda o‘zbeklar churq etmay, balki ko‘mak berurlar. Navoiyning tatarmi va yo o‘zbekmiligi masalasi alohida bir o‘lturishda hal qilinur. O‘zbek vakili: Dumbulboyev BAHOARZON Butun huquqlari bilan mukammal bir kambag‘alchilik sotilur. Buning bilan tez kunda boyisa bo‘ladir: ertalab choy-non o‘rnig‘a yaxshilab uch-to‘rt martaba og‘izni kappa-kappa ochib hamyoza tortasiz, tushda bir chimdimgina sabr yeb qo‘yasiz, kechqurun yoki yotarda bir hovuch qanoat ichib yuborasiz. Shular bilan bir kunlik ovqatingiz uch pul chiqimsiz o‘tub ketadir. Uch-to‘rt kundan keyin oynag‘a qarab ko‘rsangiz, boyonlig‘ingizni bemashaqqat ajrata olasiz. Baho juda arzon! Bildirishlar muboshiri: Julqunboy Bir chimdim bildirish Ko‘chada uchragan har bir yelkasi yag‘irning choponini o‘g‘urlab olmoq odatim bo‘lmag‘ani uchun har kimga o‘xshab bekorga kuchana bergim kelmaydir. O‘quvchi o‘rtog‘im, ma’luming bo‘lsinki, man har vaqt saning ko‘nglingga qarab jinnilik qila bermayman; qalam degan narsa ham o‘qlog‘i emas. Ammo otamni partiyaga kirgizib olib uning «ha ber»idan qutulub olsam, undan keyin xursand qilish menim vazifamdir. Hozircha xayr, o‘rtog‘im! Bir yil O‘ychi o‘yini bitirg‘uncha, ishchi ishini qip qo‘yadi, depti bobolar. Shunga o‘xshash «Ittihodi islom» va «Ittihodi turk» deb jovrab, boshini qovushtirsa oyoqig‘a hayron bo‘lib yurgan axdi ittihodlar istihoradan bosh ko‘targach ko‘rdilarkim, arava laylak! «La havla valaquvvata» o‘qildi va ohistagina savol berildi: Bu nima degan gap? Xudoyo tavba: qozog‘i o‘z oldig‘a xon, tojiki o‘z boshig‘a sulton, o‘zbegi o‘z jo‘nig‘a bek! Bas, bizning ittihodi falon otliq sassiqpopishagimiz qani? Bu jonivorning qanot-quyrug‘ini qaysi uying kuygur mutadi va uyimizga kim o‘t qo‘ydi? Qopini yo‘qotqanlarning ishini qip qo‘yg‘an, albatta, biz edik. Zero, ko‘karmagan daraxtni, albatta, kesish va o‘rnig‘a yangisini ekish kerak edi. «Ittihodi falon» deb, do‘koniga viviska qoqqan bu benavolar yuz yillardan beri ko‘bchilikka qurig‘an arig‘dan suv bag‘ishlab, shamoldan luqma berar edilar. Bayi bu dunyo, puli oxirat bo‘lg‘an bu «ittihod» xo‘lyolari xudda vahimaning onasi va lofning ayni bemazasi edi. Shubha yo‘qkim, o‘sha «ittihod» jinnilari bu kun ham bizga burchak-burchakdan fisq otarlar: «Millatlarni qirq to‘qquzga bo‘lib, o‘zboshimchaliq ko‘yiga soldingiz va dard desa kuydirgi aytadigan qildingiz», deyarlar. Ushbu burchak ittihodchilarig‘a bizning beradirgan javobimiz bir: «Biz haqiqatni hayotdan oldiq. Hammadan ilgari shaxs o‘zini tanisin, so‘ngra boshqani! Zero, «O‘zini bilmagan o‘zgani bilmas», so‘zi turmush onasining dard chekib tuqqan to‘ng‘ich o‘g‘lidir. Biz millatlarni ozod o‘sdirg‘ach, doirasi g‘oyat tor bo‘lg‘an, ittihodi islom va yo turkgina emas, balki butun dunyo mehnatkash va dehqonlari ittihodi; eng avjida butun dunyo insonlari ittihodi vujudga keltiramiz!» Ozod O‘zbekistonning bir yillik to‘yida oramizdag‘i o‘zbek, tojik va qozoqliq ig‘volarini alangalatib yurgan duvarak odamlarni yo‘qotmoq qasamini ichaylik. Birinchi may Birinchi may kuni bizning basharamiz irjaygan, ikkinchidan boy, ulamo, ashqiyolarning basharasi tirjaygan kundir. Birinchi may biz o‘ynag‘an, kulgan; mustamlakachi «mushfiq mehribonlarning» qon yig‘lag‘an, kuygan kunidir. Birinchi may butun dunyo mehnatkashlarining birlashkan bayrami, butun dunyo ifloslarining bir-birlari bilan it-mushuk bo‘lub ajrashqan kunidir. Birinchi may ishchi dehqon xalqi uchun baxt-saodat kuni, burjuaziya va uning qullarig‘a baxtsizlik keltiradirg‘an kundir. Birinchi may bizning kelgusimiz uchun muayyan bir chiziq qoldiradir. Qarshimizdag‘i baynalmilal to‘ng‘uz qo‘pqurlarg‘a achchiq-tizziq qoldiradir. Birinchi may bizni shod va xandon qiladir. Butun dunyo jahongirlarini xonavayron qiladir. Birinchi may bizga huquq berganda, dushmanlarimizga xo‘rliq va huquqsizliq beradir. Eng qisqasi bizga yaxshiliq, ularga yomonliq; bizga fazl, ularga hazl bizga insof, ularga noinsoflik beradir. Birinchi may mehnatkashlar birligi kunidir. Bu kun butun dunyo mehnatkashlari bayram etadirlar. G‘arb ishchisi Sharq ishchisiga, Sharq ishchisi G‘arb ishchisiga salom yuboradir. Demak, bu kun butun dunyodag‘i ishchilarda samimiylik hissini qo‘zg‘atadir. Bu kun butun dunyo och-yalang‘ochi bayram etadir, ham butun kuch-quvvatlari bilan kapitalga qarshi kurashish uchun so‘z biriktiradir. Har holda Birinchi may o‘zgarish hasadginlarining ko‘zini qamashtiradir, hiqildog‘idan xippa bo‘g‘adir. Birlashingiz, butun dunyo yo‘qsullari! Biz kim va nimalardan qo‘rqamiz? Har kimning o‘ziga yarasha qo‘rqaturg‘an narsasi bo‘ladir. «Ishtonsizning cho‘pdan hadugi bor», degandek, shu vaqtda ishtonlik inson — haduksiz odam ehtimol yo‘qdir. Turkiston istatistiqa idorasining keyingi yiqg‘an hisobiga qarag‘anda, ishtonsizlar bana’ji ko‘payibdirlarki, biz ularni aynan quyida ko‘chiramiz: Mustamlakachi — achchig‘lang‘an chog‘ida sirining ochilishidan qo‘rqadir. Har turluk idora mudirlari — saylov yaqinlashsa mansabdan tushib qolishdan qo‘rqadirlar. Yangi ko‘z ochqan hisobsiz o‘zbek shoircha va shoirachalari — ming mashaqqat bilan azoblanib yozg‘an she’rlarining gazetalarda bosilmay qolishidan qo‘rqadirlar. Tutantiruqsiz maqola yozishg‘a o‘rgangan muharrirlar — to‘sundan tegib qolaturg‘an tanqid kaltagidan qo‘rqadirlar. Boy va sovdagarlar — ayniqsa bularning qo‘rqunchlari poyonsizdir… Chunonchi: do‘kon sovdasi yaqinlashsa, ijarani oshirib yuboraturg‘an yakanchilardan qo‘rqadirlar, qo‘llarig‘a ko‘proq pul yig‘ilib qolsa, mollar oshib, pul qursining tushib ketishidan qo‘rqadirlar, qo‘lida anchayin qog‘oz ko‘targan kishini ko‘rsalar «torg‘ovoy nalo‘g» tushmog‘idan qo‘rqadirlar, ro‘za oyi kirib zakot berish eska tushsa, mollar hisobini olishdan qo‘rqadirlar… Har holda bu durkum xalq uchun yer ham qo‘rqunch, ko‘k ham qo‘rqunch. Faqat qoro yerning ostig‘ina tinchdir! Kambag‘al dehqon va ishchilar — kun sayin bozor bahosining birga bir ko‘tarilishidan qo‘rqadirlar. Hukumat idoralaridagi poraxo‘rlar— poraxo‘rliq bilan kurash boshlang‘andan beri o‘zlarining soyalaridan ham qo‘rqadirlar. Ko‘kdagi bulutlar — yog‘may desa Xudoning buyrug‘idan, yog‘ay desa yerdagi maxluqlarning chirting-pirtingidan qo‘rqadirlar. O‘zbek xotunlari — erlarining kaltagidan, qizlari ko‘chaga chiqay desa onalarining turtugidan qo‘rqub, peslar moxovdan, moxovlar pesdan, ajivalar taraladan, taralalar ajivadan; qisqasi katta-kichik, yassi-yapasqi, qing‘ir-qiyshiq, uzun-qisqa hammalari ham qo‘rqoqdirlar… Man nima va kimdan qo‘rqaman? Ayniqsa, manim ishim juda ham qiyin: yozay desam, oshna-og‘aynining sho‘rtumshuqlig‘idan, yozmay desam «Mupggum» pochchaning jekirigidan qo‘rqaman. Yana bundan boshqa qo‘rqaturg‘an ikir-chikirlarim: — Eski shahar ko‘chalaridan yursam, betimga loy sachrashidan qo‘rqaman. — Yog‘mur yoqqan kunlarida Eski shahar rastalarining ag‘nab ketishidan, sovdagarlarning to‘ng‘uz qo‘pishidan qo‘rqaman. — Bilim yurtlari yonidan, boshlang‘ich maktablar qarshisidan o‘tub qolsam, istiqboldag‘i alvir-shalvir o‘zbek madaniyatidan qo‘rqaman! Harholda manim ham qo‘rqunchlarim o‘zimga yetarlik… Assalomu ala manittaba’l-xudo. Bizda askarlik masalasi Boshqalar tarafindan huquqingning toptalmovi, chetlarga mahkum, mazlum bo‘lmaslik, chet millatlarga o‘z tovushingni eshitdirub eshitmoqqa majbur etuvg‘a shubha yo‘qkim, qo‘lingdagi qurolingg‘a, askariy kuchingg‘a qarab bo‘lur. Ko‘ramizkim Ovrupo, Omriqo millatlari bunchaliq sha’n-shavkatni faqat harbiy kuch ila qozonmishlardir. Ovrupo, Omriqo imperialistlari Sharq xalqini faqat qurol kuchi ila o‘zlarig‘a asir etmishlar va hali ham harbiy kuch ila Sharq mazlumlarini zanjirda tutarlar. Ammo biz sharqli mazlum musulmonlar esa shu qurolsizlik, askar yo‘qlik ila shu zolim xunxo‘rlar zanjiriga band bo‘lmishmiz. Durust, biz sharqlilar g‘arblilarga qaraganda madaniyatcha bik tubandamiz, bizim mazlumiyatimiz madaniyatsizligimiz uchun deyilsa mumkin. Lekin shundog‘ bo‘lsa ham istiqlol olib, askarsiz yashamoq butunlay mumkin emas. Natijasi boshqa qurolli mamlakatlarga qul asoratda yuriluvdir. Buning uchun dalil qilib afg‘on qarindoshlarimizdan ko‘rsatilsa mumkindirki, afg‘on xalqi hozirda va mundan elli-oltmish yil ilgarida ham madaniyatcha biz turkistonlilardan ortiq bo‘lmay yurar edi. Lekin boshqa madaniy millatlarning taxt hokimiyatiga o‘tkani yo‘qdir. Bu nimadan edi?.. Ko‘z oldimizdadirkim, shu madaniyatsiz afg‘on xalqi butun dunyoga hokimlik da’vosiga yetishkan Ongliyadan o‘zining ozgina harbiy kuchi ila o‘z tilagini imzo etdirdi. Ammo biz Turkiston ishchilariga kelganda og‘zimizg‘a qo‘yulgan tayyor oshni ham eblab icholmaymiz. Qurol, kiyim, joy va ovqat hozir bo‘lgan holda askar bo‘luvdin farsaxlarcha yiroqg‘a qochamiz… Durust, bizim bu qo‘rqoqligimizni ham o‘rni bor, mundin elli yillar ilgari or-nomusli Alimqulimiz, Qanoatshohlarimiz va ….larimiz bo‘lgan, vatanimiz chor hukumati tarafindan zabt etilgach, endi o‘z istibdodi ostinda qul etib qoldirmak niyati zolimonasinda yonimizda pichoq taqib yurituvni ham man’ etkan. Shu zolimona politika orqasinda hozirgi qo‘rqoqlik holiga tanazzul etkanmiz. Biz musulmon mehnatkashlari buyuk O‘ktabr inqilobidan so‘ng hurriyatni, istiqlolni yana egallash ila boshladik. O‘zimiz uchun mahkumiyatdan qutulib yashovning mumkinlig‘in sezdik. Boshlab qo‘ldan ketkan huquqlarimiz o‘z qo‘limizga kira boshladi. So‘ngg‘i vaqtlarda vatanimiz bo‘lgan Turkiston idorasi hammasi bo‘lmasa ham yarmisi deyarlik o‘z yigitlarimiz qo‘lig‘a o‘tdi. Demak, mamlakatning yarim idorasi o‘z qo‘limizda. Turkistonning butun mehnatkashlarining imoni komil bo‘lsa kerakki, yaqinda rus mehnatkash birodarlar: «Shu kungacha biz sizning o‘z vazifangiz bo‘lgan bu ishlarga uzviy birodarlik uchun yordamlashib keldik. Endi marhamat etib, o‘z ishingizni o‘zingiz ishlangiz, mundin so‘ng bizdan sizga yordam bo‘lmayajak!», debdurlar. Bu bir tabiiy ish. Yuqorida ham so‘ylanib o‘tildi: «Mamlakat idorasi askarsiz mumkin emas». Idora o‘z qo‘limizga o‘tkach, tabiiy, vatanimizning dushmandan muhofazati o‘z ustimizga tushajak. Buning uchun o‘z askarimiz bo‘lurg‘a kerak. Tabiiydirki, mamlakat idorasi bizning qo‘lda bo‘lib askarlikni boshqalar qilmayajak. Bu mumkin ham emas. Shuning uchun agarda biz mustag‘il, qulliqdan qutulib yashovni xohlar ekanmiz, yaqin istiqbolimizdagi baxtli kunlar uchun askar bo‘luvimiz, vatan muhofazasiga hozirlanuvimiz lozim. Lozimgina emas alzamdir. Musulmon ishchilarindan askarlar hozirlov ehtiyoji endi siz yoshlarga bo‘lsa kerakki, musulmon ishchilarindan ko‘ngilli askarlar yig‘moq haqinda Markaz musulmon byurosi tarafindan Eski shahar sinfiy ittifoqlar sho‘rosiga bir murojaatnoma tushurilgan ekan. Bu murojaatnoma mazkur sho‘roning shu so‘ngg‘i umumiy majlisinda ko‘rilib, tubandagi qaror berilganki, ahamiyatiga ko‘ra shu qarorni aynan ko‘chirib yozaman: «Musulmonlardan ko‘ngilli askar yig‘moq Turkiston o‘zbak ishchilar hayotini ta’min va chetlar tarafindan toptalgan huquqini tirgizu degan so‘zdir. Biz bu askarlik masalasini shundog‘ onglab, Markaz musulmon byurosining murojaatini tamom shodliq ila qarshi olamiz. Ostinda ezila-ezila tamom ishdan chiqg‘an askar bo‘luv so‘zini bir vahimalik va … deb ongliy boshlaganlar. Shuning uchun musulmon ishchilarindan askar yig‘uvga zo‘r tashviqot lozimdir. Binoan alayhi, bizning o‘ttuz to‘rt ming mehnatkash namoyondalari Markaz musulmon byurosiga murojaat etamizkim, ko‘ngilli askar yig‘uv tashviqotiga bizim yonimizga muqtadiri mushavviqlar berib, bizim tashviqot ishimizga yordamlashsun. Eski shaharga ta’lim joylari ochib harbiy muallimlarni musulmonlardan qo‘ysun. Musulmonlarning o‘zidan askariy muallimlar yetkuzmak uchun kurslar ochib, shu kundan e’tiboran Eski shahar sinfiy ittifoqlari sho‘rosiga bir nafar o‘z harbiy vakilini doimiy etib tushursun». Mana bu qaror g‘oyatda ko‘ngilli bir ish, lekin boshqa qarorlarimiz kabi bunda — qog‘azdagina qolib ketmovi matlubdir. Yaxshi soatda! Bizda teatru ishining borishi TEATRU VA MUZIQA Ma’lumdirki, bizim Turkistonda drama ham teatrniig tarixlari 1912 yildan boshlanib, bularni qabul etkanimizga yetti yillar bo‘ladi. 1912 yildan ilgari Turkistonda tatar qarindoshlar tarafidan teatr o‘yunlari bo‘lub tursa ham tabiiy bizim turmushimizdan chetdaroq bir ruhdagi asarlar o‘ldiqdan yerli yoshlarni u darajada o‘ziga jalb eta olmag‘an, to‘g‘risi ul vaqtda Turkiston yoshlari juda oz va shu nisbatda she’riy asarlardan yiroq masofada turarlar edi. 1912 yildan boshlab «Padarkush» isminda o‘z turmushimizdan oling‘an teatr risolasi Mahmudxo‘ja Behbudiy tarafidan maydonga qo‘yilur. «Padarkush» risolasi Turkistonning umuman deyarli har bir katga kichik shaharlarinda mavqi’ tomoshaga qo‘yilub, yoshlarimiz uchun bir daraja teatru maqsadi onglashilur. Mana shundan so‘ng bizda teatr masalasi bosh ko‘tarub, yarim-yorti teatr risolalari yoza boshlaymiz. Bunday she’riy asarlarni taqlid so‘nginda qabul etmak madaniy millatlarning bir qonuni esa-da, bizda birinchidan, bu ishga yangiliq va matbuotsizliqqa, alalxusus bunday nimarsalarni tanqid qilurg‘a iqtidorlik munaqqidlarimiz yo‘qlig‘indan shu ko‘yincha qabul etilib, matbuot elagindan o‘tquzilmas. Bu hol 1912-1917 yilgacha davom etib, 1918-yildan e’tiboran, ma’lum har bir ish uchun keng yo‘l ochildig‘i kabi maorif ishlari uchunda o‘rtadagi to‘sqinlar oling‘ach, teatrlar yozmoq ishi ham har bir qo‘lidan yozuv keladirg‘an yoshlar va o‘quvchi shogirdlar uchun bir ermak yoki havas shaklig‘a kirdi. Bu hol Turkistonning boshqa go‘shalarindan ko‘ra bizim Toshkand yoshlari orasinda ko‘brak ko‘rildi. Bir nechalarini istisno ila, o‘z imlosin to‘g‘rilab yoza olmag‘anlar, «dramaturg», «komik» hatto «operato‘r» ham bo‘lib maydonga chiqdilar-da («tragediya»ni yozmag‘anlariga shukr qilasan endi!) Toshkandni ola-chipor drama, komediya va operalar ila to‘ldirdilar. Bularni o‘ynalg‘ali turli formadagi artistlar ham topilib, haftada bir necha martabalab teatr kechalari bo‘lib, Toshkand tom bir madaniy xalq turmushini onglataturg‘an bo‘ldi. Bu teatrular xalqimizga tabiiy ta’sirlarin beralarmi, masalasiga kelganda ma’attaassuf biz ikkinchi turli ta’sir sezamiz: tomoshachilar teatrni bekorchilikka ermak va o‘zlarining eskidan qolma masxarabozliqlari, deya qariy boshlag‘anlar. Haqiqatan ham, o‘ylab ko‘rganda, bizda teatr ishining bu ravishda borishi yarim madaniy xalqimizg‘a shunday ta’sir qoldirmay mumkin emasdir. Bir necha asrlardan beri safsata va sihrbozliqlar ila zaharlanib kelmakda bo‘lg‘an xalqimizg‘a adabiy maktab bo‘lur umidinda bo‘ldig‘imiz teatrning bu holi g‘oyatda ayanchlidir. Teatrlarga xalqimizning bu nazarda qaray boshlovi shubhasiz teatr asarlarimiz ahlsizlar tarafidan bajariluvidandir. Teatr, turmushdagi yetishmagan va ortiqcha yerlarni ko‘z oldimizg‘a mujassam etib ko‘rsatuvchi bir oynadir. Ish shundog‘ ekan, biz ham o‘z teatruvimizni ko‘rganda turmushimizning aksini ko‘rmagimiz kerakdir. Lekin biz o‘z sahnamizda shu choqqacha o‘zining san’atkoronalig‘ ila ichiga kiritib yuborib asarlantiraturg‘an na bir drama va na bir komediya ko‘ramiz. Ammo ko‘rdik, ma’attaassuf, na dramalik nomig‘a, na komediyalig‘ otig‘a muvofiq bir asar uchrata olmadik. Qaysi bir yangi yozilg‘an dramasiga qarama, buzuqliq, sahna uchun xiyonat!.. Komediya, degach nima to‘g‘ri kelsa shundan kula bermak emas, balki o‘zining tub shartiga muvofiq etib kulmak, drama yozg‘anda mavzuni turmushimizning naq bir chirik joyidan olmoq va shuning ila barobar adabiyot torozusiga solib yozmoq kerakdir. Boqingiz, muharrirlik g‘ururi ila yozilg‘an dramalargakim, bunda birisining oldig‘i mavzu g‘oyat ahamiyatsiz, turmushimizda yo‘q, ya’ni fantaziya shaklli bir narsa, ikkinchisining olg‘an mavzui ahamiyatli, lekin voqi’ali tasvir yo‘li so‘ng daraja buzuq, asardagi qahramonning so‘z va ishi xarakteriga nomuvofiq, dialog o‘rniga monolog ishlatilgan, monologni talab etgan bir o‘rin butun ko‘rsatilmagan. asar qahramonining ichki siri ochilmay tomoshachilarni qabziyatga yetkurgan va aktlar to‘la ko‘rsatilmagan uchun ko‘b yerlar majhul va hokazo… Shu yaqin orada «Temir to‘dasi» tarafidan «Jadid-qadim» ismli bir drama qo‘yilub o‘tdi. Taassufki, ba’zi mone’lar sababli bu dramani ko‘ra olmadim. Eshituvimg‘a qarag‘anda, bu dramaning mavzui ismindan ham ma’lum bo‘luvig‘a ko‘ra, jadid va qadim orasindagi maslak kurashi ila boshlanur ekan-da, natija qadim jadidni o‘ldiruvi ila tamomlanur ekan. Bu esa turmushimizda yo‘q bir voqi’a. Durust, jadid-qadim orasinda maslak kurashi bor, bu ma’lum. Ammo jadid qadimning bir-birini o‘ldirishmak darajasiga yetuvi shu asarda birinchi martaba ko‘rilur. Bu turmushimizda birinchi ixtiro!.. Durust, Buxoroda qadimlar tarafidan (ulamo fatvosi ila) ko‘b yoshlar qurbon etildi. Buning omillari qora xalq va hukumat edi. Ammo bizning bu yerlarda bunday voqi’alarni yuz ko‘rsatishi hech eshitilmagan ishdir. Agarda bizda ham shundoq yashirin sirlar bo‘lsa, oshkor etdigi uchun bu asar muharririga tashakkur etamiz. Xulosa, mundoq kelishsiz ishlar teatr olaminda shu daraja ko‘bdirki, bularni yozib ko‘rsatuv uchun butun vaqtni faqat shunga bog‘lamoq kerak bo‘lur. Bu holning davomi yosh sahnamiz uchun jinoyat, suiste’moldir. Buning kabi e’tiborsizliklarni oradan ko‘taruv uchun birdan-bir chora bo‘lsa, u ham tanqid yo‘lidir. Lekin bundoq havasaki, mayda-chuydalarni ochib ko‘rsatib, ahli tarafidan yozilg‘an she’riyatli teatr majmu’alarnigina javohiran ochib beraturgan bir munaqqidimiz yo‘qdir. Balki bordir, lekin maydonga chiqmilar. Bundan bir necha kunlar muqaddam «To‘kma» teatrining buzuqlig‘ina qarshi chiqg‘an «Ishchi» o‘ziga bir daraja ko‘ngil bog‘latg‘an edi. Lekin aning ham aytmakda bo‘ldig‘i tanqidlar yolg‘uz sahna kamchiliklari, artistlarning o‘yunni buzuq o‘ynovlari va shunga o‘xshash ikkinchi darajadagi o‘rinlarni tanqididan narig‘a o‘tolmadi. Menim bu dedigimdan «Sahna va artistlarni tanqid etuv noo‘rin emish», degan maqsad onglashilmasun. Albatta, bular ham o‘z mavqe’inda teyishli ishlar, lekin demoq istaymanki, keng ma’naviy jihatdan o‘ldiqdan ilgari teatr asarlarining asl o‘zini umumiy adabiyot o‘lchovina solib operasiya qilib chiqish birinchi martaba lozimdir. Bilsunki, asar sahnaga qo‘yilaturg‘an bir narsami yo yo‘q. «Ishchi»ning etdigi tanqidlaridan har bir cho‘pchak ham bir haqiqiy asar bo‘lib tanilub, haligi dedigimiz ikkinchi darajadagi taraf, tuzuk bo‘lsa bas, degan maqsad onglashiladir. Bu kamchilik esa «Ishchi»ning oz tajribalilig‘indan bo‘lsa kerak. Men o‘z tirikligimizdan ko‘piya bo‘lg‘an she’riy asarlarni ko‘payuvin tilayman. Tilaymangina emas, hamon harorat ila kutaman. Buni esa qo‘lidan yozuv keladurgan har bir kishidan emas, o‘zining ahlidan kutaman. Yoshlarimizning tarbiya yeri maktab bo‘lsa, kattalarimizniki teatrulardir. Kattalarimizning maktabi yozuvchiliq, pedago‘glarning yozdiqlari darslar. Fantaziya, uydirmalar bo‘lmasin. Turmushimizning aksi — usta rassom tomonidan oling‘an aks bo‘lsin, — deyman. Bozor surishtirmaydir Men o‘zim ishyoqmas dangasaman. Buning ustiga bir oz va’darakligim ham bor. Tajribalik kishilarga ma’lum bo‘lsa kerak, aksar yalqovlar o‘zlari uchun foydalik bo‘lgan ishlarga dangasalik qilib, foydasiz bo‘lgan ishlar orqasinda umr o‘tkazalar. Men ham bir ishyoqmas bo‘luvim sifatila ba’zi o‘zim uchun foydasiz, ammo ko‘bincha xalalimni kelturub yurgan bir ish to‘g‘risida bir oz gapurmoqchiman. «Hovlining bir yonida yotukchi qo‘shnim bor. Uyqudan bo‘shagan vaqtimda… haligi etukchini ishxonasida yonboshliyman». Yo‘q, so‘zni mundog‘ boshlaganda tuzuk chiqmaydirg‘ang‘a o‘xshaydir. «Ishtirokiyun» gazetasig‘a ba’zi vaqt ko‘zim tushib qoladir. Ilgariroq (agar yodimdan ko‘tarilmagan bo‘lsa) «Ishchi» degan burov Xurshidmi-murshidmi deganning va tag‘i allakimlarning yozgan teatr kitobini tanqidmi-manqidmi qilib yurar edi. Ammo keyingi vaqtlarda haligi «Ishchi» deganimiz suvga urib ketdimi, osmonga uchib ketdimi, haytovur tanqidini yozmiy boshlab, jimjit suv quygandak bo‘ldi. Endi haligi suvga urib ketkanning o‘rniga mulla Mirmullami, domla Mirmullami degan tag‘i birisi bosh ko‘tarib: «Falonchi o‘yun bo‘ldi, pistonchining asari edi, orsizlar (orsizmi, artistmi chiranishga uncha aqlim yetmaydir) tuzuk o‘ynamadi, asar buzuq edi, falonchi pismadonchining asari edi!», deb ilgarigisiga o‘xshash jovrab, oh-voh qilib, boshini tog‘-toshka urib keladir. Bu so‘ngg‘isi «Teatr muziqa» yozganda bozor quli, mozor quli, tag‘i allanima balo quli tasonifi», deb yozadir. Lekin «quli» deganiga tushunmoq uchun — lug‘at ko‘rolmadim. Mana manim endi shu «Teatr muziqa» yozib, dodvoy qiluvchiga xalalim keladir. To‘g‘risini aytkanda, bechoraning holiga rahmim keladir. Ko‘bdan beri shu dodvoychini shu balodan qutqazishka bir chora izlab yuraman va o‘ylab-o‘ylab tegiga yetolmay boshim og‘rib ketadir. Endi mundan so‘ng «Teatr muziqa»sini yozmas, deb turganimda tag‘i lo‘p etib dodvoyi yozilib chiqadir. «Bu bechoraning boshi og‘rimasmikin-a?» deb achinib, bechorani shu balodan qutqazuv chorasini aztahidil izlayman, ammo topolmayman. Tag‘i «Teatr muziqa», tag‘i orsiz o‘yunni buzdi, tag‘i hazrat pistonchi bir safsata yozdi… — Ey boshi og‘rimagan bechora, o‘zing kambag‘al odamga o‘xshaysan, biror kasalga chalinib qolma, qo‘y! Orsiz buzsa buzsin o‘yunni. Safsatami, papsatami yozsa yozipti! Sen bechoraga nima kerak? Uzingni boshqa kasaling yo‘qmi? — deyman. Shu so‘zim og‘zimdan chiqib ham tugamaydir, tag‘i birini yozib «dod qaroqchi» qilibdir! Endi bechoraga chinlab bir yordam qilmasam bo‘lmas ekan deb, kecha bir oz etukchining ishxonasida yonboshlab o‘yladim. Haligi «Teatr muziqa»ning buzuqligi to‘g‘risida o‘ylabman. Nega bizning «Teatr muziqa» mundoq kishi buzuq bo‘lur ekan, deyman. Etukchining qo‘li qo‘liga tegmay biliska taqadir, bigiz tiqadir, ko‘va uradir, teri kesadir, tilish til, deb shogirdini koyiydir. gazan qayriydir. Xulosa, shogirdi ila o‘zi jonlik moshina. Man chalqancha yotaman. Etukchining harakati taajjubimni mujibi bo‘ldi. Tikkan etugini olib ko‘rdim: baxyasi katta, etuk chokig‘a qo‘l sig‘adir, san’at yo‘q. Knyganda xizmat qilsa, bir kunga chidaydir. Mandek yalpi odam Toshkandningtoshsiz, qishki loy deganidan o‘n qadam kechsa ish tamom. «Bu o‘tukingni kim oladi?» — dedim. Etukchi: «Xayf bo‘lmasin, bozor surishtirmaydir», — dedi. Tag‘i chalqancha yotdim. Fikrim «Bozor surishgirmaydir»da to‘xtadi. Yana «Teatr muziqa»chining tashvishiniga tushdim. To‘xta, dedim. Hozir «Teatr muziqa»ni ham bozor surishtirmas ekan, dedim. Etukdo‘zning javobi «Teatr muzika» ila azoblanuvchiga nah to‘g‘ri javob edi. Bozor surishtirmasa, manim ham qo‘pol etuk tikib, usta falonchi bo‘lib foydalangim keldi. Endi haligi «muziqa»ga qarshi azoblanuvchiga aytaman: Etukchi aytkandak, orsizlarning ham bozori ko‘targani uchun o‘yunni buzuq o‘ynaydirganlardir! Pesa yozuvchilar ham bozor surishtirmagani uchun qaydagi safsata, cho‘b, hashak, supurindilardan har soat pesa yozsa, dunyoda o‘zlaridan «asar» qoldirmoqg‘a harakat qiladirganlardir. Azoblanuvchi o‘rtoq! Hozir ma’lumki, har bir nimarsaning bozori «Usta, manga ber!» Qo‘poldo‘z etukchi qo‘shnimning so‘zidan ma’lum bo‘ldikim, bozor surishtirmas ekan! Har kim bo‘lsa ham o‘tmas matohini o‘tkurib qolsun. Vaqt kelur, bozor kasod bo‘lur, xalq molning yaxshisini tilar, har kasbda haqiqiy ustalargina qolur, boshqalar o‘z chorug‘ini sudrar va sudrashka majbur bo‘lur. Shungacha-chi o‘rtoq, tishni-tishga qo‘yib, damni ichka olib, tinchkina yurmoq kerak! Ammo hozir bozor surishtirmaydir! Toshka yomg‘ur kor qilmaydir! Chiqib bozor aro poshshoyi tanga kirib o‘lturdi ketkan jon-tanga Ana endi tuflab tugadurg‘an pullar ham chiqdi… Otangga rahmat, dadasi ko‘rgan! Man-ku, hali tangani ushlab ko‘rganim yo‘q, ammo o‘sha moyanaxo‘rlar yangi poshshoyi tangadan yigirmatasini bir qo‘lg‘a ushlab ikkinchi qo‘lg‘a qator tushursalar bormi, jiring‘-jiring‘, shaldir-shuldir-da! Tusingdan aylanayning ko‘rimi ham yaxshi, tovushi ham xuddi qizlarniki, bejirim… Devonaxoningizning bir tilagim bor ediki, endi ul ham bo‘ldi. Ya’ni o‘sha o‘roq bilan bolg‘ayu bir tutam boshoqni qog‘ozda emas, ana shunaqangi boshitoshdan bo‘lg‘an narsaning ustida ko‘rgim kelar edi. Shukr, o‘zim ushlay olmasam-da, og‘a-inilarning qo‘llarida ko‘rdim; og‘a-inilarning boshlari omon bo‘lsa shunaqangi ko‘rsatib yuraberarlar-ku, axir! Nima, manularning tangasini yeb qo‘yamanmi?.. Besh kundan so‘ng chaqaboy chiqsalar, o‘n kundan keyin tilla to‘ram ham chiqarlar, a? Endi biz ham boqqolning oldig‘a borib bir milliart, o‘n milliart deb og‘iz ko‘purtirish o‘rniga yelkamizni siqibgina: «Bir paqirga nosvoy, bir miriga savzi!» deb aytarmiz-ku. Berdiboy akam bo‘lsa: «E uka, bolshevoyingning pulidan xafa bo‘ldim-ku, hisobini bilish bir sari, kursiniga tushinish ikki sari… Bizlarga ota-bobodan qolg‘an chaqachamizni chiqarib bersin!» der edi. Man: Sabr qilsang g‘o‘radan holva bitar, Sabrsizlar o‘z oyog‘idan yitar. — deganimda, bir tilloyi pulini kursindan yiqilib tushub, o‘zining ancha zarar qilg‘anidan shikoyat qilar va «E, man, kursinidan zarar qilaberib bud-shudimdan ayrilib qolaymi, undan keyin bu itbachchalaringni kim boqadir, a?» deb manga piching qilar edi. Odamlarning qo‘lidag‘i pul bo‘lub yurgan tamg‘a qog‘ozlar endi ko‘zimga xuddi moxxovg‘a o‘xshab ko‘rinadir. Ammo man poshshoyi tangasiga qoyil-da! Chiqib bozor aro poshshoyi tanga, Kirib o‘lturdi ketkan jon-tanga! Keyingi misrani abjad hisobiga olsangiz ba ilmi karomat (1924) tarixi chiqar. Chuvi chiqdi Shari’atsiz kishi uchsa havoga, Ko‘ngil berma uningdek xudnamoga! So‘fi Olloyor To‘rtta bema’ni bir yerga yig‘ilib olibdir-da, otini «Mahkamai shar’iya» qo‘yibdir. — Mahkamai shar’iya ochdiq, shari’ati nabiyaning ravnaqini istasangiz bizning yong‘a marhamat qilingiz! —deb ro‘kach uchun sodda domlalardan bir nechalarini o‘z ichlariga olibdirlar-da, uyalmay-suyalmay «Toshkand mahkamai shar’iyasi» degan viveskani ham Ko‘koltosh madrasasiga osibdirlar. — Ey uyalmag‘anlar! Bu kun bo‘lmasa, ertaga sirimiz ochilib, sharmanda bo‘lamiz deb o‘ylamadingizlarmi? Alhamdulilloh summa alhamdulillohkim, ahli musulmonga ashrorun-nosning zararlari tegmay turib «sirlari» ochildi. «Mahkamai shar’iya» deganning chuvi chiqib, bizning tomondan bir parcha churuk lattaga tugildi. «Mahkamai shar’iya»ning chuvining chiqishi juda oson bo‘libdirkim, eshitub ziyoda xursand bo‘ldiq va ahli solih dindoshlarning anzori oliylariga tortiq qilishni o‘zimizg‘a farzi ayn bildik: «Mahkamai shar’iya»dagi «Islohi madoris»chilar (ba chima’ni?) harakati behudaga yuz qo‘yub, madrasalarga yangi usuli dars va yangi mudarris tayinlamakchi bo‘lg‘anlarida A. a’lam domla janoblari mudarrislik uchun o‘z tarbiyalarida yetishkan zotlarni taklifi bosavob qilibdurlar. Ammo islohotchilar bu taklifi bosavobni rad aylab, chirting-pirtinglar bilan javob berib, harakati nopisandada bo‘libdurlar. Ikkinchi, Shomiy domla degan bema’ni majhulun-nosning o‘rnig‘a mulla Ziyouddin ma’lumun-nos val-xos val-avomni mudarris bo‘lsun, deb mehribonchiliq qilg‘an ekanlar. Yana ul bema’nilar dag‘allik aylab va yana buning ustiga birmuncha sho‘rtumshuqlik ham qilibdurlar. Uchunchi, «Madrasai shukrxoniya»ni bulg‘atub oludai najas aylab yotg‘an jamoai jadidni kajak olib haydamoq mahkamai shar’iya afrodiga farzi ayndir, deb mehribonchiliq qilg‘anlarida yana ular sustlik ko‘rsatibdurlar. Shuning ila A. a’lam domlag‘a «Mahkamai shar’iya»ning siri ochilib «Mahkamai jadidiya»ligi oshkor bo‘libdur. Va yana «Hamiyati diniya»lari jo‘shka kelib «Mahkamai shar’iya»da shari’at yo‘q ekan!» deb xitob aylabdurlar. Va yana «shayxul-islom»lik mansablaridan ham iste’fo beribdurlar. Va yana «Mahkamai shar’iya»ningchuvi chiqibdur… Dardi yo‘q — kessak, ishqi yo‘q — eshshak — Kalnikiga oshg‘a-a-a-a!!! Gur-gur odam kalnikiga tuz yalab chopadir… — Ayiq polvon kurash tushadir, Jo‘ra qiziq maymun o‘ynatadir, Farg‘onadan Arava polvon keldi, Jizzaxdan It polvon keldi… Ko‘rubsizki, kurash o‘rnini ijaraga olg‘an zarg‘aldoq xo‘jalarning qilg‘an foydalari mindi-mindi… — Chet ellardagi o‘qug‘uchi yoshlarimiz foydasig‘a bu kun «Turon»da teatru qo‘yiladir! La havla va la quvvata… Toshkand musulmonlarini… yayzara yer yutubdir va yo katta-kichik og‘a-ini in-inlariga kirib ketibdir… Shunga o‘xshash «Sharq sahnasi» yaxshi niyat yorti mol, deb kino qo‘yar. «odamovi»larni yig‘moq uchun eshak hurkarlik qilib, tomg‘a to‘rtta karnay ham chiqaradir; lekin shunchalik attorchiliklar, «Surma ket, o‘sma ket»lar bir paqir; sahna xazinadorlarining og‘izlarig‘a pashsha o‘lturg‘an, o‘yunxona eshikidan «g‘ing» degan bir chibin uchmaydir. Shu soatda shaharning barcha choyxonalarida g‘ij-g‘ij churvaqa, lim-lim… buzoq: — Og‘zingmi, o‘rpilgan o‘rmi? — Basharangmi, badbaxtning dalasimi? — Ko‘zingmi, po‘stakning yirtig‘imi? — Engaxingmi, yo‘lg‘a chiqg‘an hindining…mi? — Xo, xo, xo! Topg‘an-tayang‘an sovutmachoq shu. Boshqa dastmoya yo‘q. Bangixonada «harb-zarb» olub yurguchi bir o‘rtog‘im nashaning tutuni gurkuragan choqlarda: Xarsak — marsak, dardi yo‘q — kessak ishqi yo‘q — eshshak! — deb bayt o‘qug‘an bo‘lub jovrar, man bo‘lsam «Bu nima degani tentakning» deb baytiga tushunolmas edim. Endi kelib-kelib bu baytning ma’nosini Eski shahar sahnalaridan topub mavridsiz bo‘lsada, o‘zim shu baytni yakkaxonlik qilmoqdaman: Dardi yo‘q — kessak, ishqi yo‘q — eshshak! Voqi’an, dard bo‘lmasa, ishq bo‘lmasa odamning kesakdan nima farqi bo‘lsin-u, eshakdan nima ayirmasi! Vallohi a’lam bissavob. Davosiz dardlar Dard qo‘b — davosi yo‘q, hasrat uzoq — kechalar qisqa, manzaralar ajib — ko‘zlar ko‘r, jart-jurt zo‘r — natijalar kichik, manzil uzoq — rohila oz, vahima katta — to‘y bedarak, osmon uzoq — yer qattiq, bo‘yi bir qarich — soqoli ikki qarich… Siz o‘quy bersangiz, man shunaqanggi bir-birisiga teskari jumlalarni Mallaxonning davangidek qator-qator, sulaytirib-sulaytirib tashlaybersam. «Miftohul-jinon»ning rivoyatiga qarag‘anda, agar daryolar siyoh bo‘lib, xarilar qalam bo‘lsa, yaproqlar qog‘ozg‘a aylanib, qurbaqalar o‘qug‘uchi bo‘lsalar, bu ajivai-taralalarni chop qilib tarqatg‘uchi Davlat nashriyotining Eski shahar matbaasi bo‘lsa, buning savobi butun Turkiston mamlakatining dumog‘ig‘a xudda sassiq sarimsoqdek ta’sir berib, har qaysi o‘zbeklarning nomai-a’mollariga har yili to‘rt faslda xurrakni batash qo‘yg‘an mo‘min va musulmonning a’moli solihasi yozilur ekan. Endi bir ozg‘inag‘a falsafa, e’tiqodiyotni qo‘yaturailik-da, «Dardi bedavo»larimiz ustiga o‘taylik. Turkiston istatistiqa idorasining to‘plag‘an so‘ngg‘i ma’lumotiga ko‘ra, Eski shahardagi «Harakatdan barakat» maktablarining soni shu keyingi hafta ichida yuzga-yuz ortib ketkan. Masalan: o‘tkan oyda yetti yuz qirq bir og‘ilxonadan iborat bo‘lg‘an xalq ibtidoiy dorul-jununlari yarim mingga, qorixonalar besh yuzdan to‘qquz yuzga yetmishdir (qorixonalarda bir oz sekinlik). Bu so‘ngg‘i ochilg‘an ibtidoiy dorul-junun va qorixonalarnish muallimlarida ham favquloddalik bor, deydirlar: soqoli ot to‘rbadak, savodi chiqar chiqmas farishtasufat zotlardan iborat bo‘lib, yosh bolalarimizni bir yil komil deganda mullai boamal, buning ustiga daqqi, kalvak, og‘zing qani desalar qulog‘ini ko‘rsataturg‘an «Dardi bedavo» qilib chiqarar ekanlar. Bu haqda siyosiy doiralarning yurutkan mulohazalariga qarag‘anda, o‘zbeklar ishni bu tariqa olib bora bersalar, uch yil komil deganda, Turkiston go‘yoki ikkinchi Amriqo-ku, o‘zbeklar orasida g‘archcha madaniyat, na u yoqqa o‘ta olasan, na bu yoqqa; xuddi devori qiyomat! Yana o‘shal istatistiqa idorasining bergan ma’lumotig‘a qarag‘anda, ikkinchi tomonda qiltillab turg‘an Eski shaharning ma’orif sho‘rvasi bu madaniyat maktablari qarshisida qaddini ko‘tarishg‘a o‘ylashar ekan. Ammo shunisi bor ekanki, anovlarda yo‘q shag‘shag‘a, anovlarda yo‘q dabdaba bizning ma’orifning sho‘rvasidan topilur ekan!.. Bul ham bir dardi bedavo!.. Biznikilar «Bo‘rk ol!» desa, bosh olishg‘a hozir, bir mablag‘lar desang, ehtimolki, nishka tushkan bo‘lurmiz. Ot bilan eshakka soliq solinibdur, xayr, solinsa solinibdur; bu orada bir eshakchi kambag‘alning eshagi ochliqda harom qotibdur; xayr, qotsa qotibdur. — O‘lgan eshagingning solig‘ini beraverasan! — Bechora eshagim marhum bo‘ldi aka, bu yerda joni uzilib, mana bu yerda yuvuldi, ana u yerda janoza o‘qilib, mana bu yerga ko‘mildi, aka… — Yo‘q, bera berasan! Eshaging beshdan kam emas! Bechoraning eshagi o‘lgani-o‘lgan, ustiga-ustak mana bu «Bosh olg‘uchilar»ning fotihaxonlig‘i qiziq… Bul ham bedavo dardlarning birisi. Eski shaharning boshdan-oyog‘i, oyoqdan boshi, yetti yasharidan yetmish yashari qo‘tur… Eski shaharning afkori umumiyasi shu qo‘tur masalasi bilan mashg‘ul (Bizda afkori umumiya yo‘q deguvchilar nomaqul aytibdirlar). Bechora xalq shu qo‘tur istibdodidan qutulmoq uchun o‘tkan-ketkandan iloj so‘rashdan bo‘shay olmaydur. Ammo berilgan doru-darmonlardan to‘qquz chaqaliq foyda yo‘q; hamon har kimni ko‘rsang: qirt-qirt, qirt-qirt… Puvvak bog‘lag‘an Yovrupo do‘qturlari nihoyat kelib-kelib bizning «qo‘tur masalamiz» ustida e’loni ixdos qildilar. «Xalq sog‘liqni saqlash bo‘limi» bu to‘g‘rida qimir etmaydir. Keyingi kunlarda qo‘turlarning hammasi «Xalq sog‘lig‘ini saqlash bo‘limi emish» degan bir rezalyutsiya qabul etdi. Mana bul ham bizning davosiz dardlardan… Do‘stlarga uzrim «Mushtum» bu kun o‘zining 25-nchi sonini to‘ldirib bayram qiladir. Bu bayramda o‘zimning ham ishtirokim bo‘lg‘ani uchun… O‘zrsiz bezraygali uyaldim, to‘g‘risi. Ya’ni uzr aytmakchiman. Uzrim gunohimdan (?) xunuk chiqsa, yana uzrim bor! Biz, sho‘rolar hukumatining barakasida «Mushtum» degan bir kulgi jurnalg‘a ega bo‘ldiq. Ha, ega bo‘ldiq… Tushunibmi, yoxud «bo‘lg‘anlar» qatoridami?.. «Kulgi jurnal» ot qo‘yub «Mushtum»ni chiqarib kelgan bo‘lamiz. Chindan ham kulgimi edi yoxud uning o‘zidan ham kulganlar bo‘ldimi? Bu kun uning sonini yigirma beshga to‘ldirib «Yubiley» qilamiz. «Yubiley» qay vaqtlarda va qanday ish, ham kishilarga qilinadir, albatta, buning mohiyatini belgulash qiyin emas. Mana shu ma’lum bir izzatni ba haqqi qozonib bayram qilinadirmi yo yo‘q? Kundalik matbuotimiz bir emas: uchlab, to‘rtlab bor. Ularning anchayin havoyi mavzulardan bahslar ochub, gullar sochub hovliqishlari ham yo‘q emas. Ikkinchi tomonda «Mushtum»man, deb musht ko‘tarib chiqg‘an jurnalimiz bu kun yigirma beshinchi sonini to‘ldirib «Yubiley» no‘miri bilan bayram qiladir, qadah ko‘taradir… Hoy tentak, kim sanga yubiley qilishg‘a haq berdi? deb agar unga savol bersak, ehtimolki, hech kimdan ham turtki yemaymiz. «Nega?» desangiz, shu yigirma besh son «Mushtum»ning birortasiga kundalik matbuotimizda tanqid va yo taqriz yo‘lluk bir gap yozildimi? «Buning tuzuk, uning chakki» degan yo‘l-yo‘ruq ko‘rsatildimi, «Farg‘ona»da, «Zarafshon»da, «Turkiston»da? Hech! Bunga qanday ma’no berish kerak, kundalik matbuotimizning hamoqati deymizmi, mag‘ruriyati deymizmi, nima axir? Lekin bu «Mushtum» uchun haqoratdir, anuvlar uchun razolatdir, jaholatdir. Biz «Mushtum»ni yo‘lg‘a sola olurliq kishimiz bor chiqar, deb xom xayolda yurgan dkanmiz… haqiqatda esa manzil uzoq, rohila oz emish… Hoy, o‘rtoq! Yaxshi onglaki, matbuot dunyosida kulgandan kulish qonuni hali ham bor. Ishtoni yo‘q tizzasi yirtiqdan kulgan bo‘lsa-da, ajab emas… o‘zing ham kulguchining mas’uliyati to‘g‘risida hech bir nazariya o‘qug‘an emasdirsan! Bu kunda kulguluk hajviyotning chin egasi yo‘qlig‘idan foydalanib, «Suv yo‘g‘ida tayammum», «Eshagiga yarasha tushovi», deganlaridek, mardi maydon sifatida ikir-chikirlar yozib «Arzimasa-da, arzitarsiz» umidida kelaman. Kelasidagi kulguluk bog‘imizning bulbuli emas, zag‘izg‘oni, guli emas, tikoni bo‘lmog‘imni-da iqror etaman. Gul yog‘ochida boshlab, chechak emas, tikanak o‘sadirkim, eng ozi shu holni kuzatib ajzimni iqror qilishqa majburman. Binoan alayhi, so‘zim qo‘pol, muomalam dag‘al, latifam achchig‘, mutoyabam xunuk; kuldirib yig‘latish, achitmay to‘qunish hunarlari manda yo‘q. Shul hunarsizligim orqasida xolis pandlarimdan, kirsiz to‘qunishlarimdan xayoliy natijalar, shaytoniy maqsadlar chiqarishg‘a tirishkuchi «Fattoyi kafsh»lar oz emaslar. Lekin man o‘shanday shumshuk maxdumlardan satqi xafalik qilaman. Chunki shu kungacha manim mezonim vijdonim bo‘lub keldi, bundan so‘ng ham jilovim o‘shaning qo‘lida. Demak, manim istiqbolim ta’min qiling‘andir. Qoro niyatlik kishi moxxov bo‘lg‘ay. Uzrim shul: tilasang yig‘la, tilasang kul! Dumbasi tushib qolgan emish Go‘sh… Otingdan o‘rgulay go‘sh!.. Nega muncha o‘zingni bizdan aziz tutding? Biz sening qadringga yetmadikmi?.. Men o‘quvchining go‘sh haqindagi holini bilmayman. Lekin o‘zim go‘sh otini eshitsam, og‘zimdin kalaba-kalaba suvlar keladir. O‘zini qassob akalar qanorasida ko‘rgandami? Ko‘rganda vasliga yetolmay yurgan ma’shuqangga uchrashgan kabi hush boshingdan uchadir. Ixtiyorsiz ichingdan gulduros ila: «Ey, go‘sh!» degan so‘z tashqariga otiladir. Jonajoning, mehriboning bo‘lgan go‘shning ikki qadog‘ini zolim noinsof qassobning qanorasidan ajratib olmoqchi bo‘lub, qahramononasiga jekirib: «Go‘shning qadog‘i qancha?» Badbaxt qassob ovozini buzmay: «Go‘shning qadog‘i o‘tguz olti so‘m, mulla aka!» (Ul mulla aka!) O‘ttuz olti so‘m! Eshitgach daming ichingga tushib ketadir. Bir so‘z qaytarmay mazlumona go‘shga termula-termula o‘z yo‘lingga jo‘naysan. Do‘sting bo‘lgan go‘sh ma’yusona bir ravishda orqangdan qarab qolur. Mana lofchiga yozmoqqa hafasli bo‘lgan yoshlarga material!.. Ramazon iydidan beri jonvor go‘shning ishtiyoqida oh-voh ila kun kechirib, Oziq sho‘basining marhamatiga intizorlikda kelmoqda edim. To‘g‘risini aytmoqg‘a majburdirmanki, bu orada butun kechalar go‘sh ishtiyoqida uxlay olmadim. Ko‘z ilinganda ko‘rilgan tushka ham go‘shdan boshqa nimarsa kirmaydi. Qoq o‘ttuz birinchi kun deganda xalq tilida: «Ertaga Oziq komiteti go‘sh berar emish», degan xabarlar yuriy boshlab, yuragim azbaroyi xursandlikdan tors yorilayozdi. Bu xabar halidan hali to‘g‘riligig‘a chiqib, dilim urmoqqa boshladi. Butun sabru qarorim qo‘ldan ketdi… Uy ichimizni endi surishtirishmay ham, yetti yashardan tortib to yetmish yashargacha go‘sh xursandligiga chiday olmay raqsga (tansaga) kelgan edi. Shu kun mahalla komitetidan go‘sh varaqasini olganimni o‘zim ham sezmay qoldim. Ertagi go‘sh shodligi ila bu kun kechasi butun uy ichimizda uyqu o‘rniga ertaga oladirgan go‘shning qay holda tomoq qilmoq maslahati edi: Oyimga monti durust emish, yangamga somsa yaxshi emish, hammadan ham akamniki qiziq, ertaga qorindan boshqasini yesa o‘zini o‘zi shahid qilar emish, buni ham qo‘ying, dadamga bir six bo‘lsa ham kabob tuzuk emish, endi meni ham tilagimni eshiting: menga hammasi bo‘lsa ham noz qiladirgan o‘rnim yo‘q… Erta birlan uy ichidan fotihani olib, yo xu yo man xuni tilimga jo qilib, qo‘lda kattakon xalta ila… nchi qassoblik do‘koni qaydasan, deb yo‘lga ravona bo‘ldik. Uydagilar nuqul go‘shning kalta biqinini, moyning esa nuqul dumbasini olmoqg‘a ta’kidlab, duolashdilar. Endi yo‘lda go‘shning beriladigan miqdori haqinda rivoyatlar ko‘b. Birov jon boshiga ikki qadoq desa, birov bir qadoq, deydi. Ikki qadoq deganning og‘zidan o‘pking, bir qadoqlikni bo‘g‘ging keladir. Yog‘ xususinda rivoyatlar uch xil: birov jonga bir qadoq, ikkinchisi chorak qadoq, tag‘i bir shaytonrog‘i: «Yog‘ olaman deb ovora bo‘lmanglar, komitet qo‘ylari daladan kelishda dumbasini yo‘lda tushurib qo‘yibdir», dedi. Menga qolsa dumbasi o‘g‘irlangan bo‘lsun! Ishqilib go‘shi yog‘liroq bo‘lsa bo‘lgani. Mana! Yigirma… nchi do‘konning oldig‘a yetdim. Odamlar o‘ttuz quloch deb, o‘ttuz birinchi qulochning boshlamasiga biz turdik. Lekin hali go‘sh kelgani yo‘q emish. Dumga turgan chog‘imda soat o‘n birlar chamasi edi. Oftob peshonadan uradir. Biz qovrilib, peshonadagi terni surib turamiz. Oradan bir soat o‘tdi, go‘sh yo‘q. Biz komitetdan koyishib, tag‘i bir soat turdik. Lekin hamon go‘sh yo‘q. Uzoqdan bir aroba ko‘rinib qolsa ana, ana, shu go‘sh, deb hovriqishib, bir birimizni ilgarig‘a qarab itarishib siqamiz. Ichimizdan allakim «dod, siqildim», deb yuborsa tag‘i orqaga qaytib orani bo‘shatamiz. Oradan tag‘i yarim soat vaqt o‘tib ketdi. Lekin hamisha yo‘q, yo‘q, yo‘q. Oftobning issig‘i quvvatlanib, qob-qora terga tushib ketdik. Holdan toyganlar: «Go‘sh, yog‘ yemagan o‘libtimi?..» deb raddan chiqib keta boshladilar. Oz fursatni ichida o‘ttuz qulochlik dumda menga o‘xshash o‘lugi bir pullardan besh olti kishi qoldik. Oradan tag‘i bir soat vaqt o‘tgach, kunduz soat ikkilarda uzoqdan go‘shlik aroba ko‘rinib qoldi. Tabi’iy, bu arobadagi go‘sh bizim uchun edi. Uzoq-uzoq «ux» tortishib qo‘ydik. Aroba do‘konning oldiga to‘xtagach, na ko‘z ila ko‘raylik, bir aroba qib-qizil o‘pkaga o‘xshash go‘sh — yigirma martaba ag‘darish-to‘ntarish qilganda chigitdak moy topish mumkin emas. Buning ustiga ustob terisi so‘yulib olingan bo‘lganidan go‘sh ustiga chang-tuproq o‘lturub allanichkalangan. Go‘shka qo‘ygan muhabbatimning o‘rnini hozir bir nafrat oldi, ko‘ngil ag‘darilib qayt qilayozdim. Mana senga go‘sh! Bechora qo‘yning gavdasiga xitoban: «Ey, bechora qo‘y, sen nima gunoh qildingki, seni bu holga tushurib ozdirdilar», dedim. Ixtiyorsiz qo‘ylarga rahmim kelib, ko‘zim yoshlandi. Biz qo‘yning dumbasi ikkinchi arobadadir, deb o‘ylab o‘lturgan edik. Lekin ichimizdan kimdir birov: «Moy qani?» deb qassobdan so‘radi: — Moyi yo‘q! — dedi qassob. Men ixtiyorsiz xaxolab kulib yubordim. Ertalabki shaytonning «Komitet qo‘yining dumbasi tushib qolgan», so‘zi esimga tushgan edi: — Ha, badbaxt, rost gapirgan ekansan, — deb qo‘ydim. Go‘sh jonboshiga yarim qadoq emish. To‘rt qadoq shaqir-shuqir so‘ngakni uyga ko‘tarib kelganimda uydagilarni ham tarbuzi qo‘ltug‘idan tushkan edi. Eshonlarimiz I Ehtimolki, sarlavhani o‘qug‘aningizda tasfiyai nafs, tazkiyai qalb qilg‘uchi va qildirg‘uchi, nur ichiga cho‘milgan, riyozat bilan cho‘pustixon, tamom foniy, faqir va ehtiyoj bilan hamnishin bo‘lg‘an vujudlarni ko‘z o‘ngimizga kelturarsiz. Lekin har kimning ko‘rishi har turlukdir. Eshonlarimiz!.. Mana, manim ko‘z o‘ngimga kimlar kelib ko‘rindi: taxbis nafs va talbis qalb, sulukiga solik, ikki dunyoda ham yuzlari qob-qora, tekinxo‘rlik bilan chib-chirdak, o‘g‘b-o‘g‘mbak, tamom semiz, davlati shahriyori bilan musallah, faqiru fano bilan yov, o‘yun-kulgi, ayshu tarab, nozanin xonimlar, parivash mahramlar g‘oyai a’mollari bo‘lg‘an vujudlar… Bas, bu ikki turluk ko‘rishdan shu narsa kelib chiqadir: yo siz ko‘r va yo man! Yo sizning ko‘zingizga oq tushkan va yo manim! Jurnalimizning shu sonidan boshlab birinchi galda eshonlarimizning, ikkinchi galda ulamolarimizning tarjumai hollarini yozmoq fikridaman. Biroq sizning aytmog‘ingiz mumkindirki, «Ko‘rishing bu bo‘lsa, yozishing qalay bo‘larikin?» deb. Ammo man sizga shuni aytamanki, tarjumai hol degan gap shamoldan yoki havodan olinmaydir, ahvoli bayon qilinaturg‘an shaxsning o‘z hayotidan olinadir. Qozonda nima bo‘lsa, cho‘michqa ham shu narsa chiqadir. Man ham shu qonundan chetka chiqmasman, qozonda moshova pishkan bo‘lsa, albatta, palov suzmasman. Ikkinchi shulki, «Eshonlarimiz» bobida Toshkandning yigirma chog‘liq avliyolarining manoqiblari so‘zlanadir. Ulardan (albatta, ularning o‘luk-tiriklaridan) umid shuldurki, haqiqat otig‘a, deb yozg‘an tarjumai holimizdan ranjimaslar va haqiqat otig‘a garchi badhazm bo‘lsa ham, hazm qilg‘aylar! Eshonlarimizdan birinchisi: Izzat sirisht va saodat sarnavisht nekukirdor orifullo Said Maxdixon binni Said Boqixon binni Abulqosimxon eshon binni qutbul-aqtobxon To‘raxon eshon alaviy naqshbandiydirlar. Ammo biz bu silsilaning tarjumai holini Abulqosimxon eshon marhumdan boshlamoqchimiz. Shundoqki, Abulqosimxon eshon o‘z zamonining qutbi edi. Uning valoyatiga Toshkandgina emas butun Turkiston, hatto Nekalay I ham g‘oyibona qoyil edi. Abulqosimxon eshonni Rusiya istibdodiga tanitqan kishilarning birinchisi uning Toshkand muridlaridan bo‘lg‘an mashhur Saidazimboy bilan Sharafiyboy (tatar)dir. Ul vaqtlarda Turkiston xonlar qo‘lida bo‘lub, hali Rusiya istibdodiga o‘tmagan, shuning uchun ulug‘ oq podshoh qutbi zamonimiz bo‘lg‘an Abulqosimxon eshonning valoyatlaridan umidvor edi. Bu janob ham o‘zlarining yugurdaklari bo‘lg‘an Saidazim va Sharafiylar orqaliq oq podshohga g‘oyibona husni tavajjuhlarini yuborib turar erdilar. Vaqtiki Abulqosimxon to‘ramning duolari ijobat hadafiga tegib, Chernayef Toshkandni fath qildi; do‘stlar shod, dushmanlar g‘amgin bo‘lub, to‘ramning o‘zlari ulug‘ jondorol go‘barnato‘r Chernayefning oldida guldek ochilg‘an edi. Ko‘ngil tinchib oradan biror yil chamasi o‘tkach, jondorol go‘barnato‘r fathu nusratda ulug‘ fidokorlik ko‘rsatkan avliyolarni o‘z huzuriga ziyofatka chaqirg‘an, ustol atrofi Sharafiy, Abulqosimxon eshon, Hoji Alim, Hakimxo‘ja kabi oq sallalik go‘llar bilan to‘lg‘an, dasturxonda to‘ng‘uz go‘shtidan boshqa har narsa muhayyo qiling‘an edi. Vaqtiki, ziyofat xitomig‘a yetub, ba’daz fotiha adyutant tomonidan qahramonlarg‘a in’om ulashiladir. Jumladan, Abulqosimxon eshonning oldig‘a bir kumish samovor, Hakimxo‘janing oldig‘a kumish patnus qo‘yiladir. Bu vaqt Hakimxo‘ja qozi patnusni samovorning o‘rniga qo‘yub, samovorni o‘z oldig‘a tortadir… Bu holdan voqif bo‘lg‘an adyutant samovorni eshonning oldig‘a olub, Hakimxo‘jag‘a aytadir: «Sizni tanig‘animizg‘a yolg‘uz birgina yildir. Ammo eshon bizning hukumatga o‘n besh yildan beri xizmat qilub keladir!» Hakimxo‘ja qozining dami kesiladir. Shu vaqtda majliska onglashiladirkim, eshon uncha-muncha odam emas… Bas, oq podshohning navkarlari bo‘lg‘an jondorollardan shunchalik izzat, hurmat, in’om, ehson ko‘rguchi bir buzrukvor eshong‘a butun xalq murid kesiladir, karomat, valoyat ortadir. Kaufman Turkistonga voliyi umumiy bo‘lub kelgach, karomat kamayadir emas, balki, yuz qat yana ortadir. 1884 yilda fon Kaufman o‘ladir. Uning tag‘ziyasiga chiqg‘an bizning Abulqosimxon eshonimiz butun Toshkand musulmonlarini hayratda qo‘yub, Kaufman ruhiga «Taborak…»ni tilovat qilub bag‘ishlaydirlar… Shu ahvolda bu dunyoning barcha baxt-saodatlarini kechirib, nihoyat (1309 hijriya, 1891 melodiyada) millionlab muridlarni zor yig‘latib, barcha yig‘ub-terganlaridan umid uzolmag‘anlari holda dunyodan ko‘chadirlar. Eshonning tirikliklarida to‘yolmay qolg‘an xalq tobutni ertadan kechkacha qo‘lma-qo‘l ko‘tarishib yuradirlar. Eng oxirda tobutni burda-burda qilub, o‘zora taqsim qilishg‘ach, tinchiydirlar (Eshon buzrukvorning qabr toshlari: «In marqadi munavvar murshidi komili mukammal shayxulislom val muslimin hofizi kalom rabbul olamin muhibbul ulamo va maljaul-g‘urabo hazrati eshon Abulqosimxon binni qutbul-aqtob hazrat eshonxon To‘raxon alaviy naqshbandiy» deb bitiklikdir). Marhum eshonning ba’zi bir xislatlari: Ul zot aksar avqotlarini yosh, ma’sum o‘g‘lonlarning suhbatida kechirar edilar. Haqqi taolo diydorining aksini shu o‘g‘lonlar yuzida mushohada qilar va bir o‘g‘lonning qo‘lidan ichilgan bir piyola choyni kavsar suvidan behroq hisoblar edilar. O‘zlaridan so‘ng o‘n parlab nozanin yosh xotun va cho‘rilar sochlarini yoyib qoldilar. Ul zotdan Said Boqixon otliq bir xalaf qolib, ota qadrdoni bo‘lg‘an oq podshohning himoyasiga sig‘inadirlar. «Egasini siylag‘an itiga suyak tashlar» deganlaridek, Said Boqixon otasining tufayli bilan Beshog‘och qozilig‘ig‘a belgulanadirlar va shu masnadda yigirma yillab davr suradirlar. Bir tomondan qoziliq tushimi, ikkinchi tomondan eshonlik kasbi bilan otalaridan qolg‘an bog‘, sholikor, hovli, mol, objuvoz, tegirmon va boshqa amloklar yonig‘a yana o‘n qayta boyliq izofa qiladirlar. Shu yo‘sunda bu janob ham dunyoga vido’ qilub, barcha yig‘ub-terganlarini maxdumlari bo‘lg‘an Maxdixon eshong‘a omonat qoldiradirlar. Endi Maxdixon eshon tarjumai holig‘a o‘taylik. II Maxdixon eshon ana shu Abulqosimxon eshon marhum nabirasidir. Bu zotning ham mansab va dunyo suyishda bobolaridan qolishaturg‘an o‘rni yo‘qdir. Nekalay zamonida bu janobning ko‘ngliga ota merosi bo‘lg‘an qoziliq orzusi tushib, bir necha vaqt nufuzlik, hukumatga yaqin boylarning eshigida yig‘lab yurdi. Bir tomondan boylarning ko‘magi, ikkinchi jihatdan pristaf va elliboshilarg‘a kanvert orqaliq ulashilgan «badal»lar yordami bilan tuppa-tuzuk «Qoziyi islom» ham bo‘lub oldi. Biz qornini yorg‘anda alif o‘rniga loaqal kaltak chiqmayturg‘an dardisarning qoziliqqa nechuk o‘lturib olish yo‘sunini shunda ko‘rdik. «Bir deganda to‘rt tomondan» degandek eshonlikka tushaturg‘an nazru niyoz ham qoziliqqa tushib turg‘an uncha-muncha choychaqalar barakasida uzoq tarixdan tortilib kelgan davlat qappayg‘andan-qappaydi; yerga yer, molg‘a mol qo‘shula bordi. Said Maxdixon pochchamiz 1911 yillar orasida shari’at kursisiga o‘lturgan bo‘lsa, to 1917 yilgacha Mochalof-Pochaloflarning qo‘lig‘a suv quyib «otam, onam» bilan qiltillab kela oldi. Ammo charxi kajraftor davrasini teskaridan olub, shartta inqilob degan kasofat yuz ko‘rsatkan edi, shilq etib bizning Maxdixonimiz ham shari’at kursisidan qulab tushdi. Lekin bizning jasur eshonimiz bunday muvaffaqiyatsizliklardan umidsizlanib o‘lturmadi. Hamon ishning tomirini qidirg‘andan qidira borib, nihoyat, «Ulamo» jamiyatidan teshib chiqdi va bu jamiyatning o‘rta qo‘ldek «mana» degan ayg‘irlaridan bo‘ldi. Hatto shu jamiyatning tavajjuhi soyasida qayta boshdan qoziliq o‘rnig‘a minmak ehtimoli ham chiqub qolg‘an edi. Biroq bir ketkan baxt ikkinchi qaytub kelmas ekan. Bu orada bolshevik degan kofirlar bosh ko‘tarib, «Ulamo» jamiyatining surobini to‘g‘rilab qo‘ymasunmi. Shuning ila bizning tog‘amiz darhol o‘zining boshqa hamqurblari bilan Buxorog‘a qochdi. Buxoroda ikki yillab riyozat chekib, ko‘b balolarg‘a yo‘liqub, nihoyat Toshkandga qaytub kelsa ham lekin uydan eshikka chiqolmayturg‘an bo‘lg‘an edi. Va o‘sha kundan boshlab ko‘bchilikni «yakamoxov» qilub, o‘zi obro‘sizlik va amalsizlik balosiga giriftor bo‘ldi. Barakat bersunki, ota-bobodan qolg‘an eshonlik, ham muridlar bor ekan. Yo‘qsa, allaqachon sil kasaliga mubtalo bo‘lub, bu dunyoi foniydan vido’ qilg‘an bo‘lur edi. Butun yurtni «yakamoxov» qilub, «Ulamo» jamiyatidan hasipni sovitib chiqg‘ach, bir qancha yillardan beri saktalikka uchrag‘an eshonlik kasbiga chinlab kirishdi, g‘am-anduhni keng sahroda tarqatmoq va shu bahona bilan murid ovlamoq qasdida sayohatga chiqdi. Eshonning ota-bobodan meros tariqasida qalamro‘yig‘a o‘tkan muridlar; Avliyo ota, Turkiston, Qarnoq, Chimkand; Toshkanddan Kalas, Chinos, Nishbosh, Xumson va shunga o‘xshash yerlardir. Mana shu yerlarning minglab go‘sxo‘r muridlari ichida ham sayohat, ham tijorat qilub, g‘am-anduhni tarqatish bilan birga necha yuzlab qo‘y, ellik-oltmishlab qoramol, ming putlab don, yuzlab to‘n, qoplab oqcha ortdirib qaytdi. Ammo mundan so‘ngg‘i asosiy kasb eshonliq; xonagi ermak dahaga o‘lturish; tijorat eshonlikdan tushkan yuzlab qo‘ylarni bo‘rdoqi qilub sotish; majlis, ya’ni gapu gashtak kal Abdulqodir, Imom shayton, Ibrohimxon va shunga o‘xshash haftafahm, paytavaquloq boylar bilan bo‘lmog‘ig‘a qaror berilgan edi. Bir vaqtlarda eshonning o‘rdadek maktabbob hovlisi internatga oling‘an bo‘lsa ham, lekin bu balodan «anov-manov»lar bilan arang qutulib olindi. Endi tarjumai holni to‘xtatib, eshonga shuni aytamiz: Abulqosimxon eshon bobongizning o‘z umrida yaxshi ish qilg‘ani bo‘lsa, ul ham xalqdan oqcha yig‘ub, o‘z otig‘a madrasa solg‘ani va unda bolalar o‘qitg‘ani edi. Ammo sizning bo‘lsa hozirgi davlatingiz, mulki ashyongiz mundayin madrasa va maktablardan bir qanchasig‘a ham yetadir. Nima qilasiz? Birorta xayr ishka qadam ranjida qilasizmi? Yoki shu ko‘yi suv quyg‘andek bo‘lub keta berasizmi? (Eshonning shu yaqinda bo‘lg‘an bir mojarosi haqida Xumson qishlog‘idan olg‘an bir maktubimiz bo‘lsa ham, u narsani bu o‘runga kirgizib o‘lturmadik). Eshonlarimizdan ikkinchisi janobi Shamsiddin maxdum binni G‘iyos maxdum binni Ahmad maxdum. Ammo Ahmad maxdumni shaksiz karomat sohibi edi, deb rivoyat qilg‘uchilar bor. Lekin ul kishi to‘g‘risidag‘i rivoyatlarga aniq ishonilsa ham bo‘laturg‘an ko‘rinadir. Zeroki, Ahmad maxdum o‘zlarining karomat va mo‘jizalarig‘a munkir kelguchi bag‘zi bir shakkoklarga dalil o‘rnida «Ya’ti min ba’di ismuhu Ahmad» oyatini o‘qub, mudofaa qilur va o‘krab yig‘lar ekanlar. Mazkur oyatdagi «Ahmad»ning sarih shu Ahmad maxdum bo‘lg‘anlig‘ig‘a ulamo baynida bir ittifoq borlig‘i Toshkand xalqining ma’lumi bo‘lsa kerak. Har holda marhumning Qur’onda xabar berilgan «Ahmad» bo‘lishida shubha yo‘qdir. Demak, onglashilg‘an bo‘lsa kerakki, haqida so‘z yuritmakchi bo‘lg‘animiz Shamsiddin maxdum shunday bir zotning farzandidir. Bu kishini loaqal o‘sha bobolari hurmatiga tanish va e’tiqodni mahkam qilish har bir mo‘min-musulmon bo‘lg‘an kishiga farzi ayndir. Bu zotning o‘zlari ham g‘oyatda nozik tab’, ziyoda alloma, ham takallufsiz bir murshiddirlar. Har holda ulug‘ zotning farzandi desak, komil bir madh qilg‘an bo‘lurmiz. Shamsiddin maxdum Toshkanddan tortib to Samarqandgacha murid tarbiya qiladirlar. Tushim vajhi chakki bo‘lmasa ham, ammo bu zot doim mirquruq bo‘lub yuriydirlar. Chunki ishlab topilg‘an mol nafis kiyimlarga, laziz taomlarga arang yetub turadir. Boshqa eshonlarimiz nechoqliq isqirt, qancha mumsik bo‘lsalar, bu kishi ularning ziddiga shuncha sermaishat va serzavqdirlar. Uylarida durust maishat kechira olmag‘anlari fursatlarda tuzukrak kishilarnikiga «Aytmagan joyg‘a, yo‘nmagan tayoq» ham bo‘lub oladirlar. Bu murshidning zavqlarini shundan ham onglasa bo‘ladirkim, aksar yig‘in, ya’ni zikr samo’ kezlarida bir tomonda tavajjuh bo‘lsa, ikkinchi tomonda milliy orkestr chalib, milliy ashulalar aytilib turadir. Janobning ziyofatlarda jum’a va tavajjuh asnolarida aytaturgan so‘ngg‘i so‘zlari shul: «Zamona og‘ir, shu og‘ir zamonlarda bir murshidi komilga topshirilmag‘an musulmon farzandining holig‘a voy!..» Mahdum pochchaning irshodlaridan o‘tub yaqing‘inada «Qo‘shquloq mahdum» degan bir xalfa ham yetishdi. Bu Qo‘shquloq ham o‘z oldig‘a suluk tebratib, ko‘b musulmonlarni rohi rostga solmoqdadir. Eski shahar teatru havaskorlariga Ma’lumki sanoyi nafisa — teatru bizim Toshkand musulmon yoshlari orasinda juda ham yengil bir ish onglashilganlikdan favqulodda bir buzuqlikda davom etmakda bo‘lib, ulug‘lar maktabi bo‘lgan teatru sahnalari allaqanday safsata va noahil kishilar qo‘linda bir o‘yinchiq bo‘lib kelmoqdadir. Mundan so‘ng ham shunday holni davom etmovi va o‘zlarimizning ibratgohi bo‘lgan sahnalarning o‘z darajasinda borishi uchun Eski Toshkand sinfiy ittifoqlar sho‘rosi musulmon teatru havaskorlari (lyubitellarig‘a) shu tubanda ko‘rsatilajak qoidalarga rioya qilub, teatru qo‘yularig‘a takliflar aytadir: 1. Sahnaga qo‘yiladirg‘an asarlarni o‘ynalmasdan ilgari Eski Toshkand «Artistlar soyuzi» ila shul asar haqinda mutolaa yuritilib, so‘ngra sahnaga qo‘yulsin. 2. Havaskorlarning o‘z rollarini yaxshi onglab o‘ynovlari uchun «Artistlar soyuzi»dan repetisiya vaqtinda bir kishi chaqirulsin. 3. O‘ynaladirgan bir asar haqinda «Artistlar soyuzi» ila kelisha olinmagan taqdirda Eski shahar sinfiy ittifoqlar sho‘rosiga murojaat etilsin. Tanbiya: yuqoridagi qoidalarga rioya etilmagan taqdirda rioyasizlik ko‘rsatuvchilar mas’uliyatga tortilur. Eski Toshkand sinfiy ittifoqlar sho‘rosining mudiri: Muborakshoh. Sarkotib: Abdulla Qodir. Eski shahar «Cheka»si atrofinda Ikki yil endi yarim yorti hukumat ishlari o‘z qo‘limizga berilib keladir. Bizning uchun o‘lka masshtabinda ish ko‘rmoq (ozgina istisno ila) to‘g‘ri kelmasa ham shahar, uyaz, qishloq ishlarimiz o‘zimizga topshirildi. Ikki yildan beri ba’zi juz’iy ishlarimizni o‘zimiz yuritib kelamiz. Tabiiy, ilgariroq idoralarimiz boshiga o‘lturgan mehmonlar tajribasizlikdan idora ishinda o‘zlarini tuta olmaganlikdan va…lardan xalqni tashvish ostinda qoldirib keldilar. Inqilob to‘lquni bosila tushdi, suv tindi. Kimni kim ekanlig‘i aniqlana boshlab, ish boshig‘a haqiqiy xalq xizmatchilari bo‘lg‘an nomzodlargina o‘tquzuldi. O‘tquzuldi, ammo ayni bir foji’a qarshisiga fahmim yetdi. Bu, o‘zimizdan idora ishlarini yurguzarlik ish kishilari yo‘qlig‘i edi. Tabiiy Nekalay istibdodi ila biz idora ishlaridan chetka qoqib, hayvon kabi maishat etmoqg‘a majbur ayladik. Ammo inqilobdan so‘ng bizga kerakli ish kishilarni hozirlamoq edi. Buni ishning ketishi ham bizga sezdirar edi. Lekin biz bunga e’tibor etmadik. «Bo‘lar-ketar»da davom etdik, ammo buning natijasi bu kun qarshimizda gavdalanib turadir. Hozir idora ishlarimizni yurguzmoqg‘a kishimiz yo‘q, tabiiy, ruslardan qo‘yamiz. Lekin ruslar bizning tilimizga, urf-odatimizga butunlay tanish emas. Ishka rusdan xizmatchi olsaq til bilmaydir, yoniga bir tarjimon beray desak, bizda tarjimon anqoning tuxumi! Mana foji’a!.. Men bizning idoramizdagi oqsovni shu lahzada deb bilganligimdan bu kundan e’tiboran ish kishilari hozirlov choralarig‘a kirishuvni o‘z ahlining yodiga tushurib o‘taman. Bu kundan bo‘lak tadbiriga kirishmasak, kelajakda mundan ham yomonroq natijalar beruvi ko‘z oldidadir. Eski shahar CheKasi (tergov hay’ati) uch-to‘rt davr kechirib, bir necha xoinlar qo‘linda nohaq o‘yun bo‘lgan kunlari ham bo‘ldi. Ammo so‘ngg‘i vaqtlarda o‘zimizning muqtadiri» xalq xodimi bo‘lgan kishilarimizni bu o‘runga qo‘ydik. Darvoqi’, bu o‘runga layoqatli deb bilgan kishilarimiz hozirgilar bo‘lib, bulardan boshqa layoqatligini topmoq bizning uchun g‘ayri mumkin edi. Lekin ish shundog‘ bo‘lsa ham Eski shahar tergov hay’ati o‘z tabiiy holinda bora olmaydir. Buning sababi ma’lum: — ish kishilarimizning yo‘qlig‘i! Shu yaqin orada tergov hay’ati o‘rinlashgan binoda yong‘in voqi’ bo‘lib, bir necha kunlar CheKaning ishlari to‘xtamoqg‘a majbur bo‘ldi. Hay’at raisi Ergash o‘rtoq Nurmuhammad o‘g‘li na uchundur bir necha bora xizmatdan ozod etiluvni so‘rab iste’fo berdi esa-da, qabul etilmadi shekilli, u hamon iste’fosinda isror etadi. Eshitilgan so‘zlarga qaraganda, Ergash o‘rtoqni yuqori doiralar xizmatiga olinuv ehtimol tutiladir. Har holda Ergash o‘rtoq fidoyi xalq xizmatchisi bo‘lganligidan bu o‘rtoqdan foydali xizmatlar kutulsa bo‘ladir. Ergash o‘rtoqni bu o‘rundan olingan taqdirda Kraykomning layoqatli kishini ta’yin etuviga ishonamiz. Ammo ilgarigi hollarning takror etilmovi ko‘zda tutilurga tevish. Haqiqat ochib so‘zlashdadir «Qizil bayroq» gazetasining 179-sonida «O‘zbek qardoshlarimizning diqqatlariga» sarlavhalik, «Oq jo‘l» gazetasinish keyingi sonlarining birida bosilg‘an «Toshkandni (durusti Sirdaryo oblastini) Qozog‘istong‘a qo‘shmoq» maqolasi bilan hayajong‘a kelgan o‘zbek yoshlarining (hayajonlanuvchi va nafsiga teguvchilar yolg‘uz yoshlar bo‘lmasalar kerak) yuzlariga suv sepmak niyati xolisonasi bilan boshda o‘rtoq Nazir To‘raqulov (Darvesh) bo‘lg‘anlari holda «Oq jo‘l» gazetasining idorasi tomonidan bayonnamo va uzurnamo bir narsa bosilib o‘tdi. Garchi biz «Oq jo‘l»da yozg‘an bovurimizning «Yaxshi niyat yorti mol» yo‘lliq maqolasig‘a u daraja iltifot etmagan va ba’zi o‘zbek og‘alarimiz kabi nafsimizga tegizmagan bo‘lsaq-da bizningcha, e’tizor va bayonnomalarga arzug‘uliq bo‘lmag‘an «Halvo degan bilan og‘iz chuchri?..» maqolasig‘a bayonnomalar yozib o‘lturg‘anlari uchun bu haqda bir necha yo‘l qoralamoq majburiyati ostida qoldiq. Bayonnoma yuqorida zikr etilgandek, nafsiga tekkan, qoni qizig‘an, kutulmagan joyda ma’yusiyat paydo qilg‘an…(qanday ma’yusiyat bo‘lsun, ajabo?!) o‘zbek yoshlarig‘a bayonnoma va tavzihot xizmatini o‘tarliq emas edi. Bayonnomada o‘zbek yoshlarining nafslariga tekkan qo‘pol nuqtaning ikki o‘runda ekanligini kashf etib, ularning birisini «Toshkandni qozoq bovurlarg‘a bermak», ikkinchisi «Sart bovurlar» so‘zidagi «sart» ta’birida deb ko‘rsatalar. O‘zbek yoshlarining nafsiga tegib ma’yusiyatlariga bois bo‘lg‘an nuqtalarning birinchisi har qancha bayonnoma tavzihot va ko‘ngildan chiqarishlar uchun sazo bo‘lsa, ammo ikkinchisi (sart ta’biri) bayonnomalar yozub o‘lturmoq uchun arzug‘uliq bir narsa emas edi, garchi o‘zbeklarg‘a berilib kelmoqda bo‘lg‘an o‘runsiz bu ism, har bir o‘zbek bolasi uchun o‘zining yaramas achimsuq ta’sirini bermay qo‘ymasa-da, lekin biz endi aynuqsa, bovurlarimizning «hur» og‘izlaridan bu ta’birni hozirg‘i «Oq jo‘l» va o‘tkandagi boshqa qozoq matbuotida ko‘ra-ko‘ra bu to‘g‘rida sukutni xayrliroq bilib, «Qozoq bovurlar bizni sart atasa nima, o‘zbek desa nima?» degan qarorg‘a ham kelgandirmiz. Ikkinchi ibora bilan aytkanda, bovurlarning «sart» ta’birlariga biz hech bir achchig‘lanmaymiz. Bunga yaxshi ishoningiz. Shuning uchun bayonnoma va tavzihotlar yozub o‘lturishlar, bizningcha ortuq bir takalluf, cheksiz bir mehribonchiliq edi… Bayonnoma maqolasining borliq mundarija va ruhi tag‘in shu keyingi bizningcha (qozoq bovurlarni mustasno qilg‘anda) ahamiyatsiz bo‘lg‘an nuqtaga qaratilib, birinchisi, eng ahamiyatligi go‘yo no‘l, go‘yo yo‘q hukmida qoldirilg‘an. Holbuki bayonnoma va tavzihotlar uchun (agarda ko‘ngildan chiqarmoq uchun mehribonchiliqlari qaviy bo‘lg‘an bo‘lsa) eng sazo o‘rin birinchisi edi. Lekin bu nuqtaga kishini hayron qoldirarliq darajada bir ustaliq bilan, qisqa ham ma’nosiz bo‘lmasa-da, shunga yaqinroq o‘n-o‘n besh yo‘l izohot va bayonot, boshqacha ta’birda aytkanda «Yosh bolag‘a tatti yalatish» qabilidan «Oq jo‘l»da yozilg‘an halvo…ga sharhgina bog‘langan va bunda nafsiga tekkan o‘zbeklarni tinchitarlik bir narsa ham bo‘lmay, «Oq jo‘l»da «sofdilona» yozilg‘an va o‘zbeklarni yanglish tutoqdirg‘an yanglish bir hol ustiga kerosin senish xizmatinigina o‘tagan!.. Biz bu birinchi nuqta, borlig‘i o‘n besh yo‘l bayonnomasi to‘g‘risida shunigina aytamiz: «Oq jo‘l»da yozilg‘an sofdilona halvo… o‘zimiznig birga tug‘ib, birga o‘skan qozoq bovurlarimiz tilida yozilg‘an bo‘lub, Qalmoq yo Xitoy tilida emas ediki, bunga sharhlar, izohlar, hoshiyalar yozilsun! O‘zbeklar sofdilona maqolag‘a tarjimonsiz tushunub ranjigan edilar. Shuning uchun ikki oraning boshida turg‘an o‘rtoqning tarjimonliq xizmatini o‘tashlari foydasiz bo‘lub chiqqan! O‘n besh yo‘lliq bayonnomaning oxirida: «Maqolaning harfidan, ma’nosidan boshqacha bir fikr chiqarmoq mumkin emas» deyiladir. Bu to‘g‘ri, chindan ham o‘zbek yoshlarining nafslarig‘a tekkan narsa boshqa ma’noni tushunub emas, yuqoridag‘i tarjimonning, hoshiyaning, bayonnomaning xuddi o‘zini onglab edi. «Oq jo‘l» va muharriri o‘rtoq To‘raqulov birinchi nuqta haqida ushbu to‘rt enlik tarjima bilan kifoyalangach, butun bayonnomalarning qolg‘an o‘n besh qulochlab qismini «sart» so‘zi ustiga ko‘chiradirlar. Bayonnomada zikr etilgan kabi biz o‘zbeklar kimlar tomonidan bo‘lsa bo‘lsun ismimizga qaysi maqsad bilandir taqilgan «sart» so‘ziga qarshi kurashdik va nagijada haqiqatparast tatar qarindoshlar, xatto o‘rus o‘rtoqlar bizning da’vomizning to‘g‘rilig‘ig‘a imon kelturub, o‘z matbuotlarida bo‘lsun va xususiy muomalalarida bo‘lsun «sart» so‘zi o‘rnig‘a «o‘zbek» deb yurita boshladilar. (Bundan, albatga, o‘rus va tatarlarning avomlari mustasnolar). Lekin hol shunday ekan o‘z oramizdag‘i ba’zi yaqinlaramizning avomlarigina emas, hatto «mana» degan xos(xavos)larining ham nima uchundir bu quyoshdan ham yorug‘roq bir haqiqat yaqinig‘a yo‘lagilari kelmadi. Bu keyingi sinf og‘zidag‘i tiyuqsizliqqa qanoatlanmay matbuotlarida ham shu yo‘sun mensimaslik bilan mudovamat etib keladilar. Ammo bunga biz xafa bo‘lmaymiz va bo‘lmadiq. Nima uchunkim, «Oq jo‘l»ning suyagi shuning bilan qotqan. Bizning xafalanishimizga So‘fimizning: «Nasihat tinglamas dil saxti mahjub , Ko‘karmas toshga yomgur yogsa ham ko‘b», degan ma’nolik bayti sad cheksa bobolarning «Gul tikansiz, qo‘y bo‘risiz bo‘lmas», degan hikmatlik so‘zlari ham yo‘l bermaydir. Bayonnomada buyuk bir harorat bilan o‘run berilgan «sart so‘zi» bahsi to‘g‘risida sukut etib o‘tmak asl maqsadimiz bo‘lsa ham, lekin bayonnomaning bu qismida bir-birisiga zid muammolar va haqiqatdan yiroq da’vatlar bor bo‘lg‘anliqdan ilojsiz tag‘in bir necha yo‘llarni qoralamoqqa majbur bo‘ldiq. Sayosiyot va taraqqiyot to‘g‘rilaridan dam urub kelingach, deyiladir: «Bu kun kelamizki, «sart» so‘zini biror kishi atiglab yukod etmagan. Uyg‘ur adabiyotining shoh asari bo‘lg‘an «Qutadg‘u bilik»da o‘zbek-chig‘atoy adabiyotining muhtaram va biz tomondan (qozoq tomondan) ham aziz ko‘rilgan Amir Alisher Navoiyning go‘zal ash’orida, Boburning keng ruhlik, o‘z zamonig‘a ochuqfikrlik «Boburnoma»sida bu sart so‘zini ko‘ramiz». Juda yaxshi, buni hammamiz ham ko‘ramiz. Lekin ko‘rishda ko‘rish bor. Navoiy o‘zining go‘zal ash’orida (ochuqroq «Muhokamatul-lug‘atayn» asarida) «sart» deb hozirg‘i ba’zi qarindoshlar kabi o‘zbekni ko‘rsatadirmi va yo boshqalarnimi? Mirzo Bobur «sart» deb o‘zbekni belgulaydirmi va yo o‘z oldig‘a boshqa bir urug‘ tashkil ettan xalqnimi? Bizningcha, qayta boshdan «Boburnoma»ning va Navoiyning ash’oridan ko‘ra «Muhokamatul-lug‘atayn» tilini yaxshilab ko‘zdan kechirilsa, tadbiqot tag‘in ham go‘zalraq chiqar edi, biz bu o‘runda “Boburnoma» bilan Navoiydan dalillar kelturmakka o‘ylanib to‘xtadiq. Chunki «Oq jo‘l» idorasi va muharriri o‘rtoqning «sart» so‘zi to‘g‘risidag‘i pesh kelturgan «Qutadg‘u bilik»,«Boburnoma» va Navoiylarni qaysi muddaoda orag‘a solg‘anlarig‘a tushunolmay taraddudda qoldiq, muammo deb bildik. Chunki «Sart bovurlari» jumlasini quvvatlamak bo‘ling‘an bo‘lsa, «sart» so‘zi ma’nosining majhuliyati bilan qat’iy hukmiga «Kelajakdagi fanniy hikmatlarga» luzum qolmas edi. Agarda dunyoda «Sart degan bir qavm bor»lig‘i uchun necha va necha dalil va isbotlar kelturub mashaqqatlang‘an bo‘lsa, butun mashaqqatlar havog‘a ketdi, demakdir. Chunki o‘zbeklar hech bir o‘runda, hech bir makonda «Dunyoda sart degan mahluq yo‘q», deb da’vo etmaslar. Bu to‘g‘rida «Oq jo‘l» va uning muharriri bilan hamfikr va «yakrang» dirlar. «Asrlardan beri xalq og‘zida kelayotqan bir so‘zni uch-to‘rt kunda bitirmak mumkin emas», deydilar. Mo‘tabar «Oq jo‘l» idorasi va uning muharriri o‘rtoqlar o‘z oramizda bo‘lsun va tatar qarindoshlar ham o‘rus o‘rtoqlar o‘rtalarida bo‘lsun endi «sart» masalasi hal etilgan hukmidadir. Yana bu haqda fanniy tadbiqotlar ijro etmakka haqiqatparast qozoq og‘a-inilarning ishtiyoq va zavqlari bo‘lur ekan, marhamat etib yozsunlar, tekshirsunlar, haqiqat uchun bizning jonimiz qurbon. «O‘zbekning o‘zida hozirlarda shahar xalqini hanuz sart deb to‘lub yotqan maqollar chiqarmish…» Bayonnoma egalarining bu jumlalari ichlarida to‘lqunlanmoqda bo‘lg‘an kuchlik bir fikrning uchqunidir. Lekin bu uchqun sayosatchi og‘izlardan juda ehtiyot bilan chiqqan bo‘lsalar ham bizga haqiqat holning botinini og‘darib ko‘rsatarliqdirlar. Biz bu jumladan shaharda turg‘uchi o‘zbeklarning «sart» deb onglatilg‘an ma’noni darak etamiz. Sayosat degan narsa boshqa ishlarda qulayliq va muvafaqqiyat bersa ham, bunday masalalarda bizningcha zararlikdir. Bayonnomachi o‘rtoqlar bizga chin do‘st bo‘lsalar kashf etdiklari, haqiqatni ichda saqlab emas, garchi achchig‘ bo‘lsa ham ochib-chochib so‘zlasunlar. Mana shundagina riyosizlik, chin og‘aliq maydong‘a kelur va shundagina «Do‘st achitib so‘zlar, dushman kuldirub», degan hikmatlik so‘zga yaqinlashg‘an bo‘linur. Yuqoridag‘i ixtiyorsiz suratda og‘izdan chiqqan so‘zdan so‘ng bu jumlaga mohirona bir ravishda «O‘zbeklar aksari tojik xalqini sart deydir», deb andava ham yuritilub qo‘yilg‘an. Usta sayosatchilarning sadag‘asi ketsang arziydir. So‘zimiz oxirida «Bayonnoma»dagi burodarona so‘zlangan nasihatlarga biz chin ko‘ngil bilan quloq beramiz. Burodarona nasihatlar va tushundirmak yo‘llari bilan qozoq bovurlarning katta-kichiklari salohga kelsalar kerak edi, deb tilakda qolamiz. Har kimdan anov manov O‘ShLIK QALPOQBOSh YoZUVChIDAN — Ko‘chalaring chaqir-chuqur, qurbaqalar baqir-buqir, kafshlaring shap-shapiga pataklaring chapak chalar; kaparatga yugura ko‘rov, xotinga upa olasan, qizingga bo‘lsa iroqi sobun, o‘g‘ulchangga oshiq olasan; o‘chirt turib zerikmag‘il, kutib-kutib savob olasan. Senga savob kerakmas-a boshingga bir shapka kerak, qo‘lingga bir papka kerak, ichkari qarab o‘taberasan, So‘na bibi, Shashanisa jamolini ko‘raberasan o‘laberasan. Azabon bo‘lis choyxonasi: Ashirmatakang o‘g‘lini ko‘r, choyxonag‘a cho‘kkalatkan tannozgina Qumrini ko‘r, tunda kelib bazmini ko‘r, yoshlaringni azmini ko‘r! Poshshaxo‘ja o‘g‘li yana, volijroqo‘m akang bila xotin-qizning vakilasi, kamsomonning jajjiginasi, kechalari dutor-sator, dimog‘laring mushki ifor. Men yozaman qaqir-quqir, bosaberasiz apir-shupir! AVLIYaTALIK ChO‘KIChDAN Mulla Kumush domla to‘ram: Oyoqqa mash tortma harom, degan edi. Avliyataning mullalarin jahli chiqib: Fatvong sening erur shaloq, o‘zing kofir xotin taloq, asling sening chalma qozoq! Munozara-mukolama, mubohasa-mujodala, ajab shirin muomala, kitob ochib, kitob yopib, bir-birini itdek qopib; natijada ikki tomon, bo‘lib olib qopqora qon, harsillashib-gursillashib murojaat qildi Qozon. TOShKAND O‘RDA SAMOVORIDAN BIR DEVONA YoZADIR — O‘zbek qizi ochilibdir, yerga bodom sochilibdir, ochilsa hay ochilibdir, bir xillari shoshilibdir; choyxonada sakkiz yigit, o‘rtasida bitta chigit; kakir-kukir etar chilim, katta-kichik unga yelim! Bu na balo, bu na qazo? Maqsad shumi ochilishdan? Yoxu dedim shoshilishdan! Hoy, yer yutkur Bu kun xotun-qizlarning baynalmilal bayram kunlari. Albatta, bu «mushtipar»larning ko‘ngillarini olmoq har bir belida belbog‘i bor bo‘lg‘an kishining vazifasidir. Biroq biz hayrondirmizki, qaysi yo‘sun bilan ularning ko‘ngillarini olish kerak? Biz bu nuqtani o‘bdan o‘ylab ko‘rdik. Ammo aqli qosirimizg‘a hech bir epaqalik gap kelmay, miyamiz qotdi. To‘g‘risini aytkanda (orada eshitkuchi yo‘qmi?), bu sochi uzun, aqli qisqa anav-manavlarga bayram qilishni kim qo‘yubdir?.. Tuzuk, xotun-qizlarning sochlari uzun, aqllari qisqa, bu haqiqat. Ammo o‘zlari Xudoyi taoloning shirin qilub yaratqan maxluqlaridandirki, bu gap ham to‘g‘ri. Binobarin, ularning o‘ynab-kulishlariga rozi bo‘lmag‘an odam xumsadir. Biroq masalaning shu yeriga tushunolmaymizkim, bizning sochlik eshonlarimizga bir yil o‘n ikki oy bo‘lsa, shu o‘n ikki oyning hammasi ham ularning bayramidir. Bahor bo‘lsa, shulon qaynatg‘ali mozorg‘a chiqsalar, hayit kelsa yana ish yirik bo‘lsa, tug‘uriq chiqsa, yana bayram, to‘y bo‘lsa, beshik-belik, upa-elik, to‘y ustiga to‘y… Endi tag‘in nima kerak, bu yer yutkurlarga. Hukumatchilik bo‘lg‘andan keyin kishining tili qisiq bo‘lub, churq etalmas ekan… Yo‘qsa tunov kun… Xalq qozixonasida rech aytkan «Jujunay so‘fi» og‘amizning so‘zi nax bizning muddaomiz edi: Xotunlarg‘a huquq, deb xotun-qizlarimizni buzub yubordilar, bu kungacha huquqsiz yashay bilgan xotun-qizlar bundan keyin ham yashay oladirlar. Xotun-qizlarg‘a huquq olub berguchi ta’viyaning keragi yo‘q! — dedi. Rechni biz, xaloyiq uzoq olqishladik, qozi afandi bo‘lsa ashad ta’sirotidan ho‘ngir-ho‘ngir yig‘ladi. Oradan bitta huquqchi chiqub: «Bul kishi xotunig‘a huquq berib og‘zi kuydi…» deb so‘zlay boshlag‘an edi, urub og‘zini dabdala qildiq. Agarda siz ham huquq tarafdori bo‘lsangiz, sasig‘an og‘izdan achig‘an so‘z chiqar deyarsiz, havola ba Xudo. Ammo sirasini so‘zlab o‘tdik biz. Agarchandiki, faqiringiz bu bayramg‘a betaraf qaraydir, shuning uchun betarafona kengashlar berishdan ham toymaydir: 1. Inqilob to‘poloni bilan xotun-qizlarimizning paranjilarini yangilab berilsun. 2. Oshni qirmoch oldirg‘an uchun ham ba’zi bir og‘a-inilar «hasm»larining changini qoqar ekanlarki, bu ish yaxshi emasdir. Ba’zi uncha-muncha ish uchun paxtasavar qilinmasun. Ixtor: 1. Bundan boshqa mavzularda masalan, so‘zingizni qaytarsa, ijozatsiz ko‘chaga chiqsa, mahsingizni tortmasa va shuningdek, gunoxdar voqi’ bo‘lsa, shundog‘ uringki, badani unniqib, mo‘mataloqqa aylanguncha qo‘ymag‘aysiz. Ixtor: 2. Xotun-qizlarni uradirgan olat (mizrob) uch turlukdir: a) qamchi; ish vaqtida suvlab olinsa, xotun urish uchun bundan yaxshi olat yo‘kdir; b) musht va tarsak; v) oyoq; bu olat mazrubani yotquzub olg‘andag‘ina ishka yaraydir, ayniqsa, poshnasi baland etik bo‘lsa… o‘tkurrak qayinonalar kelin-kevatka hujum qilg‘anda o‘qlog‘i, o‘g‘uch kabi olatlarni iste’mol qiladirlarki, bu ham yaxshi usuldir. 3. Xotuningizdan achchig‘lansangiz, uni faqat moshxo‘rdaga bog‘lab, o‘zingiz choyxona va oshxonalarda moyliq palovni tushuring. Xotun-qizg‘a odob berishda bul ham yaxshi usuldir (Ammo ba’zi bir akalar xotunlarini umr bo‘yi moshxo‘rdaga bog‘lab, o‘zlari hamisha choyxonada qolur ekanlarki, ayniqsa, bunisi faqirga ko‘b porom keladir). Ana bizning so‘zimiz shul: yoqsa sizga, yoqmasa o‘zimizga. Hoy, yer yutkur! Kishi-kishi, yuzingni bekit!.. Huquq Azbaroyi Xudo aytingiz-chi, huquq degan narsa o‘zi nima? Huquq nimadan iborat? Guvalamiki, uni biz maydalab hojatimizga yarataylik?! Nima axir? Buning javobini — «huquq» degan dardi bedavoni bo‘yniga osib olg‘anlardan so‘raymiz. Sho‘rolar hukumati har bir choti ayri, boshi yumaloqqa, har bir hayvoni notiqu va g‘ayri notiqqa va har bir insu jinu devu pariga tom-tom bolo-bolo bom huquq berdi, deb gapurishadirlar! Bu to‘g‘rimi bakovul. — Yasovullar, qoziyu quzzotlar bu gapka, bu ishlarga tushunadirlarmi? Gap bunday: o‘zingizning Xalcha opangiz; allaqayerdan huquq tekshiradirg‘an bo‘lub, erga berilayotqan bir qizning uyiga boribdir. Xayr, yaxshi — tekshirsin. Nega endi 13 yoshliq Oynisani oyog‘idan, qulog‘idan cho‘zib, yelmay, yugurmay 18 yoshatub qo‘yadir? Tag‘in bir ish: masalan, o‘zingizning Zaynab opangiz: eridan, qo‘ying-chi, uyidagi har bir yassi-yapasqi qing‘ir-qiyshiq, ajivataraladan yeydur kaltakni; shilq-shilq; o‘zi och, bolasi och; non deganda g‘irillaydir kesak… Bechora opangiz undan-bundan so‘rab-so‘rog‘lab boradir katta viveskalik bir huquq olib beradurg‘anga. Iig‘laydir, siqtaydir, arzi bandalik qiladir; ammo qo‘l quruq, yolg‘iz bosh! Chaqiriladir eri, yonidauch-to‘rtta gumangga, iltimoschi, azayimxon, tutatqi, ihi-pixi, gap biyron, g‘arch-g‘urch, ulli-bulli, o‘lumdan xabarimiz bor bundan yo‘q! Murofaa: ikki koski , yana bir gurji. Qanaqa gurji deysiz? Ha, tushunadurg‘an muxtoriyat, falon pismadonu go‘yoki bu majliska o‘zi shunday qirtish qidiribgina kelgan, tavba! — Zaynab opa, og‘zing qaysi? Bechora qulog‘ini ko‘rsatadi. — Huquq! Yonida jallod va boshqa qasamxo‘rlar; G‘o‘dayish, piching! Bechora dir-dir qaltirag‘an, qozi mahsimning ham gaplari aylantirmalik: — Kim yaxshi? — Erim, pochcha! — Kim yomon? — Huquq, pochcha! Huquq—gap bilmagan, ish bilmagan Zaynab opalarniki emas, shayton ustozi bo‘lg‘an Hoji Abdidarniki, shayton mardikori bo‘lg‘an Salohiddin mufattinzodalarniki! Shoir Xoqoniy, degandek: Holati manhusada qolg‘an «ul» emas, to‘rtta nahsning orasida boshi aylangan anu bechora! Gap ko‘p, ko‘mir oz; kezi keldi, bir yozdiq! Ijmoli sayosiy Yuqoridagi sarlavhani o‘qug‘ach miyangizga Genuya kanferensiyasi, Lo‘yd Jo‘rjning ich og‘rig‘i-yu Puanqaraning itlanishi va boshqa shuning kabi bir birisiga zid bo‘lg‘an fikrlar qatorlasha boshlar. Agar chindan ham shunday fikrlar qatorlashqan, cho‘chitkan va yuragingizni bezillatkan bo‘lsalar, siz tinchlana ko‘ringiz. Chunki maning «Ijmoli sayosiy» sarlavhasi ostida yozaturg‘an maqolam boshqa to‘g‘ridadir. Agar ichingiz kelmay «Ijmoli sayosiy»imni hozirdan bilib olmoqqa yuragingiz shopirinib, ishtibohingiz kuchaygan bo‘lsa, berdisini ham aytib qo‘ya qolay: Oting qurub, egasiz qolg‘ur masalaning ta’biri ham qiyin… nima deb ta’bir etsam ekan?! Masalaning mavzui — «Imloyi ijmoli sayosiy»; yo‘q, bu kelishinqiramadi; «Ijmoli sayosiyi imlo»; endi bu ta’bir uttasidan ham qo‘polroq chiqdi. Bundagi ta’birlarning ikkalasi ham o‘zimga yoqmaydir. Lekin siz bu ikki to‘mtoqda bir narsa sezgan bo‘lsangiz faqiringizga yetar. Joyi kelganda shuni ham aytib o‘tay: faqiringiz janob Ali hazrat darvesh kabi alsabasnai, sharqiyai, g‘arbiyai, qalmoqiyalardan ta’birlar to‘qumoqqa va suxan gulistonining bulbuli xush alhoni bo‘lmoqqa qo‘limdan kelmas. Maqsadg‘a ko‘chaylik: Sharq siyosat dunyosining aynuqsa, turklik olamining miyasini aylandirgan masalalardan biri va birinchisi imlo sayosatidir. Sharq sayosiyunlarining ba’zilarining so‘zlarig‘a qarag‘anda Sharqning butun ozodlig‘i ham shu imlo sayosatiga kelib bog‘lanur ekan. Bu kungacha imlo politikasi qochiq urushuvlari kabi, undan-bundan part-purt tovish chiqarib qo‘ysa ham, lekin keyingi kunlarda, aynuqsa, Toshkandda jiddiy suratka kirib ketdi. Toshkandda ma’orif qurultoyi bo‘lub, belgulangan qurultoy «Imlo-harb maydoni» tusini olib yubordi. Butun qish bo‘yi bir birisiga qarshi tishini g‘ijirlatib kelgan ikki firqa ixtiyorsiz suratda bir-biriga hujum qilishdi. Ahvolning bitishiga qarag‘anda, chaplarning muvaffaqiyati ochiq ko‘riiib qoldi. Chunki chaplarning avang‘ardlaridan bo‘lg‘an Fitrat xalfa Buxorog‘a ketkanidan beri kecha-kunduz tinmay, o‘zining negiz qo‘yg‘an masalasiga muvaffaqiyat tilab hazrat Bahovaddinning daxmasidan bir qarish ham ajralmag‘an. Rivoyatlarga qarag‘anda, uning duosi mustajob bo‘lg‘an deydirlar. Biroq o‘nglarning boshliqlaridan sanalg‘an Munavvarqori garchi hazrat Shayxhovanditaxur mozoridan bir qarish ajralmay tunab va kunab chiqqan bo‘lsa ham, lekin buzrukning nazari asnosida ko‘pincha mudrab g‘ofil qoldi, deydirlar. Xo‘qand atrofi Ashurali Zohiriy ishoratida bo‘lsa ham, biroq ul amaliy ishlar ishlay olmag‘an. Chunki bu kungacha ul chaplar bilan birinchi to‘qnashuvda olg‘an jarohatini tuzatmak bilan sargardon bo‘lub, boshqa hozirliqlar ko‘ra olmag‘an ekan. Ishonchliq manbalardan oling‘an xabarlarga qarag‘anda, bu dahshatlik foji’ani o‘z foydalari bilan bitirmak uchun har ikki tomon o‘z vakillarini duogo‘y Nazir maxzum uzlatxonasiga kirgizib, nazir berib, xolisona duolar olg‘an ekanlar. Birinchidan, Nazir maxzumning ko‘nglining yumshoqlig‘i, ikkinchidan, o‘zining ham qaysi yoqqa o‘tmakka bo‘lg‘an taraddudi sabablari bilan hali bir tarafka ham duoi xayr qilg‘anlig‘i ma’lum bo‘lmay, bir tomonning muvaffaqiyati va ikkinchining mag‘lubiyatiga yo‘l bermay qolg‘anlig‘i ma’lum bo‘ldi. Imlo politikasidan boshqa masalalarga o‘tkanda qurultoy ag‘zolarining turluk tomong‘a turub ketib, ustol yonida prezidiumning yolg‘uz qolg‘an vaqtlaridag‘i tinchliklardan ko‘z yumub o‘tilsa «Muxoraba — qonliq bordi», demakka arzig‘uliqdir. Bu to‘g‘ridag‘i afkori umumiyaga kelganda ishlar bundaydir: Toshkandning Yahyaxo‘ja eshon, Etemas eshon va Cho‘pqo‘ymas eshonlari kecha-kunduz yig‘lab-sixtab Munavvarqori va Avloniy haqqig‘a duo qilib, chaplarga la’nat yog‘dirib yotadirlar. Sharqda imlo sayosati va xorijiy davlatlarning qarashi masalasiga to‘xtag‘anda ish bunday boradir: Lo‘yd Jorj lo‘rdlar palatasida: «Sharqdagi yangi imlo politikasi agar ishka oshsa, Hindistonning isyonig‘a ham buyuk ta’siri bo‘lmay qolmas», degan. Puanqara o‘zining oliy sho‘roda so‘zlagan so‘zi orasida: «Genuya kanferensiyasi biz uchun na daraja mash’um bo‘lsa, Sharqning imlo politikasi ham shunchaliqdir» degan. «Narimon Narimonov o‘zining bir to‘rba lotin harflarini orqalab, Turkiston yo‘lig‘a chiqdi», degan xabarlar yursa ham, biroq bu ishonchliq manbadan oling‘an xabarga o‘xshamaydir. Har holda imlo muhorabasi juda dahshatlik bir ravishga kirib butun dunyoning diqqatini o‘ziga tortmoqdadir. Har ikki tomonning qahramonlari safka! Ikki og‘iz tariqatdan ham bo‘lsun Xilvat kunlari ham yaqinlashdi. Ko‘rpa yostiqni sotib bo‘lsa ham ba’zi sovuq so‘filar Turkiston yo‘lini — Sultonul-orifin qabrini ko‘zlay boshladilar. Faqiringiz ham tariqat ishlaridan uncha beparvo emasman. To‘qson tushub dahaga kirish masalasi chiqg‘ach, faqirning ko‘z o‘ngida yog‘liq xasib, qizil palov, achchig‘ somsa, zahardek choy gavdalana boshlaydir. O‘zimizning shahardan topilib turg‘anda Turkiston shahariga borib yurgum kelmaydir. Bultur o‘zimizning Hazrat eshon ham Miyon buzrukning raqobatiga «daha» o‘lturishni odat qilub ko‘rgan edilar, natija juda yaxshi chiqdi. O‘n yettita xilvatxona tikildi. O‘ttuz beshgacha muridlar dahaga o‘lturdilar. Har kun namozshomdan keiin masjidning ichida sayl, xilvatda o‘lturg‘an oshna, og‘a-inining oldig‘a kirsak uzoq-yaqin yor-do‘stlardan kelgan anvo’i turluk ne’mat, qozoq bovurniki ham qolmasun desak, yaxna et, ey… qaysi birisini sanay endi… Qorinni do‘ppaytirib olg‘andan so‘ng boshlanadi jahr. Hazrat eshon mehrobda, halqaning bir chekkasida ikkita hofiz, bir payt zikr, bir payt hikmatdan hofizlik, yig‘i-sig‘i, arosat! Bu vaqtda tosh bitib ketkanlar ham eriydir, duo olish uchun bir onda eshon bobomiz qog‘oz oqcha bilan mehrob oralash ko‘milgan… kim o‘g‘ul talab, kim qiz talab, hoy bovur, nima tilagingiz bo‘lsa qo‘l duoda, honaqoh ichi qizg‘in bozor. Nima ko‘p dunyoda, yomon ko‘p, yaxshi ishni ko‘ra olmag‘uchilar ko‘b. Shu yaqin orada o‘zining qo‘lidan eshonlik ishi kelmagan mullalardan bittasi: «Xonaqohda savdo ishi harom. Bas, savdogarlikdan iborat bo‘lg‘an «zikr samo’» ham harom!» deb yubormasunmi, betamiz! Uzoq-yaqinning xalfa muridlari haligi peshtahamni ushlab olub «Hayf sanga!» deyishdilar. Mahalla ahlining hamiyati diniyalari qo‘zg‘ab ketib tiyuqsizni yurtchilikdan ham chiqarishg‘a qaror berishdilar. Eshonimizning «Ilmi botinalari» ko‘b bo‘lsa ham «Ilmi zohiriyalari» bir oz bemazaroq. Bo‘lmasa haligi mullanamoning kofirligi bilan hukm qilish mana-berda turg‘an gap edi. Shunday bo‘lsa ham mahalla yurt og‘asi mufti a’lam bo‘lsa shunga yetti tanga pul bilan yugurub turubdir. Faqiringiz mahkamai shar’iyaning ishsizligiga turub-turub hayron qolaman. Payti kelganda shundayin bemaza mullalarning kofirligi va toshbo‘ron qilinishi bilan hukum qilub dunyoda o‘zidan bir ot qoldirmaydirmi? Har holda dunyoda er zoti qurig‘an ko‘rinadir. Istatistikaning ko‘rsatishicha Istatistikasi bor bir millat oynasi bor bir qavm demakdir. Oynangiz qo‘lingizda bo‘lsa, shubha yo‘qki, diydori sharifingiz sayxonidagi barcha qing‘ir-qiyshuqliklarni ko‘rarsiz. Istatistika degan narsa xalqimizning tushiga ham kirmagan, ya’ni millati najibamiz bunday ne’mati ajibadan mahrum bo‘lsa-da, ammo bu o‘runda holi hoziramizning istatistikasidan ba’zi bir nimarsalarni «yumaloq-yassi» qilmoqchidirmiz-da! Ko‘b yaxshi gap. Mamlakatimizda nima bor, hayvonlar ijtimo’idan ham foydalik bir hisob tuzub bo‘lurmi? deguchi sassiq takalar balki bor chiqar. Bu gap bir tomondan nechog‘liq to‘g‘ri bo‘lsa, ikkinchi tomondan shunchalik egridir. Negaki, hayvonlar ijtimo’i degan jumlaning ifodasi omdir. Basharti umuman Turkiston hayvonlari ko‘bchiligini «ho‘kuz» deb aqida qilinsa-da, ular haqidag‘i hisobu kitoblarni foydasizga chiqarilsa; ikkinchi tomondag‘i shu ho‘kuzlar yetakchisi bo‘lib ko‘ringan va o‘zlarini dono va donishmand olg‘an devsiyrat, to‘ng‘uznamo, maymun qiliq, quyonsifat, bo‘ri kelish, tulki misol, ilon shuvish, baqa mijoz… afandilarning haqlariga xiyonat qilg‘an bo‘lurmiz. Demak, biz shu keyingi tasqaralar to‘g‘risida ijmolan bo‘lsa-da, bir istatistika jadvali tuzmakchidirmiz. Ma’lumki, bizning jamoat xodimi bo‘lib tanilg‘an kishilarimiz bir necha qismg‘a bo‘linadirlar: 1. Siyosiyunlar. 2. Muallimlar. 3. Muharrirlar. 4. Ziyoli yoshlar. Basharti bizda ham istatistika degan jonvor bor deb, ko‘z yumib, istatistika idorasiga kirgan bo‘lsaq, go‘yoki, shu idoradan o‘zimizning qiziqsing‘an ma’lumotimizni olub chiqqan ham bo‘lsaq, mana biz o‘zimizning o‘glon ko‘zlarimiz bilan nimalarni ko‘rgan bo‘lur edik: 3789 bosh siyosiyun; bulardan to‘qson foizining bor-yo‘qlig‘i hech kimning ham ko‘ngliga kelmaydir, besh foizi tullakdan chiqmag‘an makiyon, uch foizi mushkiliki ularga qanday hukm berishdan «Muxtasarul-viqoya» ham ojizdir, bir foizi haybarakalla, bir foizi xom chuchvara. Mana bu hisobdan shu ehtiyoj his qilinardirki, to‘qsonni yo‘qsong‘a chiqarib qo‘yish, makiyonlarni uyurga qo‘shish, mushkillarni omolojeniye usuli bilan bir yog‘liq qilish, haybarakallachilarga hubbulmulk berish, xom chuchvaralarni qaynag‘an suvga solub olish kerakdir. Zeroki, tajribalarni ko‘rsatishicha, bizdagi yurak og‘rig‘i kasali shu xom chuchvaralardandir. Butun o‘lkadag‘i muallimlar soni 17 855 dir. Bulardan 57 foizi eski go‘ng (bularni yerga solinsa-da, tappi qilinsa-da, musta’iddirlar), 17 foizi yangi axlat, o‘n foizi palag‘da, sakkizi poynak, oltisi moyak, uchi puchak, birining o‘ndan birisi sarak, qolg‘ani ko‘rakda turmayturg‘an pachoqdir. Shuning uchun «Bo‘lmag‘anga bo‘lishma» qabilida ochilg‘an o‘rta maktablar «Dorul-egov»lardan chiqub kelgan mullabachchalarni odam aftiga olishqa, buning uchun qirq sakkiz sinflik tahririyalar ochishqa va shundan so‘ng asosini boshlashqa mukallafdirlar. Matbuotimizning qon tomiri bo‘lg‘an muharrir va shoirlar soni… (bay-bay-bay; pishti kabob, pishti!..) Oqmirzakarim aytar erdiki: «San xoro-o-o ban xoro». Shunga o‘xshash man ham aytamanki, «Biz xoro-o-o, muharrir va shoir xoro!» To‘g‘risi jim-jimu tuya ko‘rdingmi, yo‘q; yopig‘liq qozon yopig‘liq! Munavvar ziyolilarimizning soni agarda istiloh topub o‘qushni eblasangiz 1900, 7000, 8000, 500 000 dir. Ochiqroq ta’bir qilg‘anda, «Hisobda ham yo‘q, kitobda ham yo‘q!» deb shunday sonlik hisobqa aytadirlar. Bu o‘rtoq madrasada sig‘ayi mubolag‘ani ko‘prak iste’mol qilg‘an ekan, deb balki mandan kularsiz. Lekin bu hisob mubolag‘a emasdir. Chunki bizning munavvarlarimizning har birisida ming emas o‘n ming hayvoni notiqning aqli, fikri, sezgusi, da’vosi va boshqa lash-lushi bordir. Mana shundan onglang‘an bo‘lsa kerakki, bizning so‘zimiz puch emas, kuchdir. Bu munavvarlarimizning asosiy mashg‘uliyatlari quyidag‘i rejada ko‘rsatiladir: 1. O‘n besh foiz yoshlarning asosiy g‘oyalari ichkulukka; 2. Yigirma besh foizning yaratilish sabablari o‘rus va boshqalarning fohishalariga; 3. Yigirma besh foizning tug‘ilishi soch o‘sdirib, xina qo‘yub, yangi mo‘da kiyim bilan birga oqishqa; 4. O‘n foizi quruq mahmadanagarchilikka; 5. Qolg‘an yigirma besh foizning g‘oyalari NEPga chin o‘g‘ul bo‘lmoqqadir. Bu o‘rungacha hisoblari ko‘rsatilgan xalq yetakchilaridan boshqa yana bir durkum oq salla, qora ko‘ngil munavvarlar bordirki, inqilobdan so‘ng e’loni iflos qilg‘anliqlaridan ularni hisobga olish va olmasliq «adamu vujud» bizningcha barobardir. It urushdirish ishlari Ko‘kcha dahasi bilan Beshyog‘och dahalarining oralaridag‘i siyosiy munosabat qutulmagan joyda buzilib ketib, san-manga borishib qoldilar. Bu buzilishning ibtidosi Ko‘kchaning Chig‘atoyi bilan Beshyog‘ochning Chaqaridan it urushdirish masalasidan chiqdi. Chig‘atoyning o‘n yildan beri suv o‘rnig‘a sut berib, zo‘raytirib kelgan olaparini Chaqarning ahamiyatsiz gurjisi qochirub qo‘ymasunmi. Bu voqi’adan ko‘kchalikning katta-kichigi hayajonga kelib Mallaxonning tarixiy itlaridan bo‘lg‘on «davangi»ni maydoni harbga chiqardilar. Bu voqi’aga har ikki tarafdan o‘n minglab kishi tantana va dabdaba bilan ishtirok qilib urushdirish marosimi maxsus duolar bilan boshlandi. Garchi urush maydonlarida bo‘lish xavflik bo‘lsa ham na choraki, to‘g‘ri xabar olmoq uchun muhoraba ustida hozir bo‘lmoqqa majbur edim. Yarim soatlik qonli «G‘ov-v-v-v-v, g‘uv-v-v, ov-v-v, ov-v-v»dan so‘ng Mallaxonning davangisi mag‘lub bo‘lub, faje’ bir suratda yaralandi, ba’zilarning tarbuzlari qo‘ltuqlaridan tushub, ko‘ngil ozishlar ham voqi’ bo‘ldi. Beshyog‘och og‘a-inilarining bu vaqtdag‘i quvonchlari ichlariga sig‘mas va pahlavon itlarining og‘zidan o‘pishlari ham g‘ayri ixtiyoriy edi. Urush vaqtda oling‘an rasmlar bor. Agarda jurnolg‘a muvofiq ko‘rsangiz yuborurman. Bu kunlarda ko‘kchalik og‘a-inilar qayoqdan bo‘lsa ham pahlavoni zabardast axtarmoqdalar. Siyosiy doiralarning so‘zlariga qarag‘anda, pahlavon topilsa, nurun alonur, bo‘lmasa fidoyi yigitlardan bittasini it suratiga kirguzib maydonga kirguzar emishlar. Hozirda «tab bosti» uchun har ikki tomon xo‘roz, kaklik, qo‘chqor kabi urush olatlari orqali ish ko‘rib tursalar ham, lekin bular it o‘rnini bosolmaydir. Bundan uch-to‘rt kun ilgari Samarqand og‘a-inilaridan ikkitasi Ko‘mirsaroyda tuya urushdirib ko‘rsatdi. Kaminangnz tuya urushini umrida birinchi martaba ko‘rishidanmi, «Har holda bu xil tomosha ham bizning Toshkandga kerak ekan», degan fikrga keldim. Bu tomoshada o‘n minglab xalq ishtirok etsa ham, lekin itnikidek o‘zaro chirting-pirtinglar bo‘lmadi. Jasorat — ayb emas Biz jasorat so‘rar edik, lekin berish qayerda?! Jasoratimizning qolg‘an-qutqanini ham olmoq muddaosida edilar. Biz so‘z erkinligi so‘rar edik. Lekin tilimizni tek-tugidan kesmoqchi edilar. Jasorat bitkan edi, til kesilgan edi… Yuragimdagi bir oz umidni istisno qilg‘anda boshqa narsalar yulinib-yulqing‘an edi. Nihoyat fig‘on va nolalarimiz arshi-a’lolarg‘a yetkanda, umidimiz quyoshi O‘ktabrdan tug‘di. Jasorat bo‘g‘magarlarining oyog‘lari osmondan, til qassoblarining manfur gavdalari jahannam tegidan keldi. O‘ktabrdan biz boshliqcha jasorat oldiq. So‘z erkinligi oldiq. Chindan ham Buyuk O‘ktabr inqilobining ishchi va kambag‘allar sinfiga bergan yemishi jasorat emasmi edi?! Qarangiz: Butun umri rutubatlik ishxonada o‘gkan bir ishchi, o‘lturish-turishi, oshash-ichishi, yolg‘uz mehnatni-ketmonninggina tasavvur etmakka majbur bo‘lg‘an bir dehqon bu kun bizning tushlarimizga kirmagan fikrlarni so‘zlaydir, hayron qoldirarliq darajada xat-harakatlar ko‘rsatadir, bunisi kifoya qilmag‘andek usta diplomatlarning yetishmagan yerlarini turtub to‘g‘rilaydir!!! Nega bu mundoq? Dorulfunun bitirganmi edi bu ishchi? Siyosat bilan shug‘ullang‘anmi edi bu dehqon. Va yo sosializm elchisi buyuk Karl Marksdan besh-o‘n yil dars olg‘anmi edi bu ikkisi? Bu ehtimollarning bittasi ham emas: Buyuk O‘ktabr inqilobi ularga jasorat berdi, ong berdi, haq berdi! Shaxsiyat kirlari, aksil harakat g‘uborlarig‘a mulavvas bo‘lmag‘an jasorat Sho‘rolar hukumatining negizidir asosidir. Shuning uchun haligidek pok jasoratlar uchun bepoyon taajjublanmakka, hadsiz hayron qolmoqg‘a hech bir kimsaning haqqi bo‘lmasa kerak. Biz millat va millatchilik daryosida suzg‘uchi bir jasur bo‘lub tanilubmizki, bizni kechirsunlar! Istanbul qahvaxonalarining mujassam tipi bo‘lg‘an bir norgilaxo‘rning millatchilik va millat masalalari bilan necha o‘ro‘shliq ishi bo‘lsun! Quvvai aqliyasini Istanbul qahvaxonasidan boshqa bosh og‘rig‘ilarg‘a nega yuborsun?! Tuzuk, uning bir oz aybi, kechirilmaslik bir qusuri bor: u arayishchi, hajv emas, latoyif bilan oramizdag‘i ba’zi kamchiliklarni tuzatmakchi! «Qizil bayroq»ning 186-sonida birdan bir o‘zbekcha, «Inqilob» jurnalig‘a o‘zbek yoshlarining e’tiborsizliklarini ko‘rsatib, jurnal haqida ko‘cha-ko‘ylarda ma’nosiz ayb taqib yurgan ba’zi yoshlarimizni tasvir etib o‘tkan edik. Lekin «Paspo‘rt yo‘qotdim» sahifasidagi bu maqola jurnal muharriri o‘rtoq To‘raqulg‘a qattig‘ tekkan, ma’noni boshqa yoqqa burub ifodani, tarkibni, maqsadni ikkinchi tomong‘a yo‘yilgan. Shu munosabat bilan maqola yozg‘uchig‘ag‘ina emas, boshqa shoir, muharrir, dramaturg, «Qizil bayroq» va tag‘in alla kimlarga, hatto shu maqolani o‘ziga joylag‘an qog‘oz-siyohga dovr hayf deyilgan, afsus yeyilgan! Ortiq qizilg‘an, adab doirasidan chiqib bo‘lsa-da, so‘kub qolmoq ko‘zda tutulg‘an, sha’nga loyiq kelmagan harakatlar ham bo‘lg‘an. Ko‘cha so‘kishlarini kelturub, taqdisi ehtirom zimmamga yuklatilib qoldirilg‘an, matbuot rioyasini ham esdan chiqarilg‘an. Yosh yozg‘uchilarimizni ilmsizlik, ishsizlik bilan ayblab ta’na toshlari otasiz. Lekin bunday ta’nalar bizning kabi ishka yangi boshlag‘an bir millat uchun o‘rinsizdir. Biz mutaraqqiy millatlarning taraqqiy tarixlarini tekshirsak, ko‘ramizki, boshda ular ham matbuot ishlari bilan yurguchilar sizning ta’nangizga mahkum yoshlar bo‘lg‘andirlar. Bir jihatdan sizning ta’nangiz endigina matbuotg‘a yaqinlashib kelmakda bo‘lg‘an yosh talantlarni ma’yusiyatga tushirmakdan boshqag‘a foydasi tegmas. Ta’nangizga mahkum yoshlar yangi adabiyotimiz uchun taqdirga loyik narsalar berdilarki, maydondadir. Lekin da’vosi tog‘-toshdan ham ulug‘ bo‘lg‘an zotlardan hali adabiyotimiz arzug‘uluq bir narsa ham ko‘rmadi… Endi javob beraylik: bu kungacha biz Muhiddin Arabiygagina emas, hatto o‘zimizning Abdullatiflarga ham til tetizish hamoqatida bo‘lmadiq va bo‘lmaymiz. Arabiy bilan o‘z darajamizni yaxshi bilib Arabiy oldida oftobdan bir zarra bo‘lmag‘anlig‘imizni yashirmaymiz. Hali jahli murakkabga qolg‘unimizcha yo‘q. Lekin shunisi bor: Arabiyning ko‘rgan tushlariga, olam misoliga (olam misol) ishonmak majburiyati bizda yo‘q. Bu ersa nomashru’ bir jasorat bo‘lg‘ani kabi buning bilan bizni hech kimsa ayblay olmas. Yig‘i bilan kulmak orasida mutaraddid qilmoqning aslo luzumi yo‘q! Adabiyotimizga Ayoz Ishoqov, Fotih Amirxonlar, tanqidchilar va hajvkashligimizga Olimjon Ibrohimovlar tilagida bo‘linubsiz. Bu zararsiz xayrixohlik bo‘lsa ham orada bir onglashilmovchiliq bor. Onalarimiz otini Ayoz Ishoqov, Olimjon Ibrohimov qo‘yub bolalar tug‘ub bersunlarmi? Va yoki tug‘ulg‘an bolalarning qaysi birisi Ayozg‘a va qaysi Olimjong‘a o‘xshar ekan deb umr o‘zdiraylukmi? Bizning kichik va qisiq miyamiz bu masala to‘g‘risida shuni demakka majburdir: muhitimiz va o‘zimizga yarasha Ayozlarimiz, Kamollarimiz. Olimjonlarimiz bordir. Bizningcha, Ayoz va yo Olimjonning xuddi o‘zi bo‘lmog‘i shart emasdir. Tanqid so‘ziga berilgan ma’no bizningcha durust emas. Tanqidning ma’noyi lug‘aviysi saralash, arayishini olmoq degan so‘zdir. Nainki yer bilan yakson etmak! Bu kungacha biz tanqid qilmoq bilan asarlikdan chiqqan va yer bilan yakson bo‘lg‘an bir narsani ham ko‘rmadik, balki mukammallashkanlarinigina ko‘rdik… Bizni qadrnoshunoslik va nonko‘rlik bilan ham ayblamakchi bo‘lg‘anlar. Muso Jorulloh, Rizo va Rashid qozilarning ham Ismoilbeklarning qadrlarini, tuz haqlarini lozimicha bilmagan Sharq yigiti ichimizda turmasun demakchi bo‘laman. Ularning xizmatlarini taqdir etmaguchi majnundir, boshqa emasdir. «Hangi» deysiz. «Uyat-uyat!»larni o‘zingiz qator-qator chizasizda, lekin amalga kelganda o‘zingiz uyalmaysiz. Bu uyatsiz xitobingiz matbuot bilan bizga yangilik baxsh etmaydir. Nechukkim sobiqda o‘rusning mustabid to‘ralaridan «Hangi» xitobini ko‘b eshitub kelgandirmiz. Bu kun bu ta’birni (ta’birmi-tahqirmi!) o‘zimizning «Mana» degan bir yigitimizdan eshitar ekanmiz, bizning uchun zihi saodat! Shi’iy va yo sunniylik da’vosi yoki ig‘vogarlik muddaosi hosho va kallo bizda yo‘q. Duo qilingizki, bu baloyi osmoniidan hammamiz ham emin bo‘layliq! Siz «Hammamizga ham afsus» deb guvranasiz, lekin man «Hammamizga ham barakalla!» deb so‘zimni tugataman. Kula-kula o‘lasan Bir vaqtlarda atoqli bir lo‘ttichi turli lo‘ttilar (fo‘kslarni) ko‘rsatar edi. Ayniqsa aning chigildak bir qog‘ozni og‘zig‘a solub, hech bir poyonsiz uzun qilub og‘zidan chiqaruvi bizni hayron qoldirar erdi. Lo‘ttiboz yo‘q kunlarda aning o‘rnig‘a lo‘tgichilik qilaturg‘an bir majnun bor edi: — Kishilar-kishilar, potino-potino! Chunki lo‘ttiboz xalqni yig‘moqchi bo‘lg‘anda «Potino» degan bir ashula aytar edi. Xalq majnunning atrofig‘a quruq bir mazax uchun yig‘ilg‘anda majnun yana bir marta «Potino»sini aytub olg‘ach, cho‘nchagidan bir changal qog‘oz chiqarub, xalqg‘a ko‘rsatub chiqar edi. (Lo‘ttichi og‘zig‘a solaturg‘an chigildak qog‘ozni yalmalkan ekanlig‘in xalqdantasdiq ettirar va og‘zini ham ochub, boshqa qog‘oz yo‘qliqni ko‘rsatar edi). Majnun kulunch bir holda xalqg‘a og‘zini a… a…. qilub ochub kuldirgach, boyag‘i bir changal qog‘ozni og‘zig‘a solub qiziq bir vaziyat ila yalmiy boshlar va bir qancha vaqt chaynab qog‘ozni yutub yana «Potino-potino»sini aytub, qog‘ozni lo‘mbozdek qilub olur va hunarini xalqg‘a g‘ururlanub ko‘rsatub chiqar edi. Majnunning bu ishi — lo‘ttibozligidan ham xalqqa ortiq kulgi berar, hammamiz bu vaqt kula-kula o‘lar edik. «Ishchi»ning kichkina fileto‘ni bo‘lg‘an «Osti-ustiga»si bosilub chiqdi, bunisi «Kichkina fileto‘n»i emish. «Osti-ustiga»si emish «Yaram-yaram bog‘i» emish. Eski shahardagi inqilob shunga o‘xshar emish. Kelishmagan qiliq o‘lsun deymi? Buni o‘qub: Kula-kula o‘lasan!.. «Nashriyoti G‘ozi Yunus»dan besh yuz qirq bir va qirq ikkinchisi bo‘lg‘an «So‘zlayturgan qo‘g‘urchoq» ila «Turkiston tabibi»si bosilub chiqdi. «Nashriyoti G‘ozi Yunus»ning yo‘llarinda ham besh yuz qirq nechalanchi martaba noshirdan bir-ikki so‘z bor. Buyuk noshir G‘ozi Yunus janoblarining nashriyotlarinda bo‘laturg‘an bir-ikki so‘zlari haqinda bir o‘rtog‘im: «Har bir asarning boshinda bir-ikki so‘z yozub qog‘ozni bemaza qilub yurgandan ko‘ra, bir-ikki so‘zlarni hammasini birga yig‘ub «Noshirdan bir-ikki so‘z» isminda bir narsa yozub nashr etsa, kitobning boshig‘a yozg‘anig‘a qarag‘anda G‘ozi Yunus ismini chiqarishg‘a qulayroq, ham bir asar maydonga kelgan bo‘lmasmi?», degan edi. Bu so‘zlarga kula-kula o‘lasan! «So‘zlayturgan qo‘g‘urchoq» ozarbayjonchadan buyuk noshirning tabdillari ekanki, tantana ila imzolari asar boshinda qo‘yilmishdir Birov «Kalning tanig‘ani sho‘ra» desatag‘i: Kula-kula o‘lasan… Musulmoncha «RO‘STA» gazetasining Eski shahar sho‘basining vakillig‘ig‘a mashhur eslikli yoshlardan G‘ulom Zafariy ta’yin etilgan. Rivoyatlarga qarag‘anda, Toshkandda bu o‘run uchun o‘zindan boshqa eslik kishi topolmag‘ach, G‘ulom Zafariy o‘zini ta’yin etdirgan. Bu o‘rtoq shu kundan boshlab o‘z atrofiga eslikli yosh o‘smirlarni yig‘a boshladi, deylar… Tag‘i: Kula-kula o‘lasan!.. Layli va Majnun Maqolaning sarlavhasini ko‘rib «Layli va Majnun» operasiga tanqid ekan, deb miyangni aynitib o‘lturma, aka. «Layli va Majnun»ni va umuman teatru kechalarini tanqid qilib: «Mana bu artist qing‘ir ekan, mana bunisi qiyshiq ekan, kitobi unday ekan, dekaratsiyasi bunday ekan deb kritika sanayturg‘an jinni bo‘lg‘animcha yo‘q. O‘yunni bir artist buzub o‘ynasa, yaxshi belgilaki, «darbisot» dastmoyaning o‘zi shul, tuzatib o‘ynaydimi, bunisi ham o‘zida bori; bir dramaturg‘ning yozg‘ani to‘rtta shoptoli danakdan iborat bo‘lsa, bunga ham haligi «darbisot»ning o‘zi kofiy, shofiy — lo‘nda javob». Kaminaning nazariyasidek faylaso‘fona bir nazariyani kunchiqar bilan kunbotarg‘a zir yugurib izlasang ham yaxshi bilgilki, topolmaysan! Mavzudan chetka chiqdim shekillik, maqsadga ko‘chaylik endi: O‘ng biqinimda samarqandlik birtasi, chap biqinimda qo‘qonliqnamo yana birtasi bo‘lg‘ani holda ketdik «Layli va Majnuni»ga qarab. Hali soat yetti. Demak, o‘yun boshlanishig‘a bir yarim, ikki soatlab vaqt bor. Kuni bo‘yi tiriklik orqasida yurub zerikkan xalq kechning yengil latif shamoli ostida rohatlanib, toza havo isinmakda edi. Biz ham uchchovlashib, og‘zimizni toza havo sari kappa-kappa ochib, ko‘chaning u boshidan bu boshiga bo‘zchining mokkisidek borib kela boshladiq. Zebo bo‘y, sarviqadsimon tan, shahlo ko‘z, bodom qovoq, yupqa tomoq sanamlar halidan-hali yonimizdan o‘tib turadirlar. Boshqa vaqtdag‘i kabi sitam, iltifotsizlik, nozu karashma degan gaplar ham bilmadimki qayoqqa ketibdir, yo‘q. Uyoq-buyoqni xoli, ko‘zni shamg‘ilat qilib sanga qaraydurlar-da qoshlarini uchurib, ko‘zlarini qisib yuboradirlar… Bu vaqt manga o‘xshag‘an jiz ixtiyori qo‘lida bo‘lmag‘anlar po‘rt uchdi, deyilsa mumkindir… O‘zimizning bir yigit, haligi qisqichbaqalardan birtasi, bir daqiqalik «imqo‘q» bilan tanishib ham oldilar. Yigitimiz so‘raydir: — O‘zingizga o‘xshag‘an Laylilardan tag‘in bormi? Qisqichbaqa javob beradir: — Bor. Biz to‘rt Layli. — Ochen xorosho, biz ham to‘rt Majnun, ayda! Qo‘ltuqlashib ham ketadirlar. Savdo ortiq qizg‘in, bozor chaqqon. Ularning Laylisiga yetarlik bizning Majnunlarimiz ham yo‘q emas. «Kolizey»da o‘lturamiz. Layli va Majnunlar tanaffus choqlarida jangdan bezor qiladirlar. Birinchi qo‘ng‘iroq Layli-Majnunlar tashqarida, ikkinchi qo‘ng‘iroq, hamon darak yo‘q, uchinchi qo‘ng‘iroq chalinib parda ko‘tarilgach, zolning ichida duv to‘polon. Sahnada o‘yun, bizning zolda qiy-chuv, taqur-tuqur, xuddi ketmon bozor. «— Uying kuygurlar, ilgariroq harakatingni qilib olsang bo‘lmasmi», deyaturg‘an tergovchi yo‘q. Man bo‘lsam: — Layli va Majnunlar, — deb o‘lturaberaman. Yonimda o‘lturg‘an samarqandlikni boshda esli bir yigit, deb o‘ylag‘an edim; keyinda buning ham palchavasi chiqib qoldi, «oh» tortadir, afsus yeydir. Uning keyinidan bir juft forsiy g‘azal ham o‘qib yuboradir. — Ha, nima bo‘ldi, akun? — Maorif masalasi esimga tushdi… — Maorifga nima qilibdir? — Maorifimizning nima bo‘lgoni maydonga. Samarqanddan maorif ishlari to‘g‘risiga vakil bo‘lub kelgan edim. Tashkandga bo‘lgon maorif ishchilari dumlarini tutquzmaylar… — deb hasratidan chang chiqara boshladi. Bizning Toshkandning taraqqiysidan xabari yo‘q ko‘rindi bechoraning. — Eyy, — dedim, — bizning Toshkandning taraqqiysi oshib ketdi, o‘rtoq, — dedim. — Bizning Toshkandda maorif degan narsaning tarixga topshirilg‘anig‘a endi ko‘b vaqt bo‘ldi… Agar Toshkand maorifi bilan ko‘rishmakchi bo‘lsangiz muzai milliyamizga marhamat qilingiz, dedim. Chirog‘ o‘chdi. Parda ochildi. Layli o‘lgan edi. Majnun ham o‘ldi. «Xudo rahmat qilsin!» — dedik-da, ketdik… Mana biz «Layli va Majnun» kechasini shunday qilib o‘tkazdik. Luzonda ko‘ngil ozishlar va isiriq solishlar Radio xabarlaridan Liflid-20. Ozchiliqtashkil etgan erkatoylar masalasini qarayturg‘an shallaqilar kamisiyasi kecha shunday takliflar kirgizdi: 1. Hazrat Isoning tug‘ulish bayramida (rojdestvoda) Turkiya hukumati xristianlarg‘a hadyalar tarqatsun. 2. Turkiya qo‘l ostida bo‘lg‘an xristian xotin-qizlari dunyog‘a «Yangi itbachcha» tashlasalar (haromzodalari ham shu hisobda) Turkiya hukumati to‘xtovsiz suyunchilarini bersun. 3. «Yangi tug‘ilg‘an haromzodalar»ning nog‘orachisig‘a, yupqa-cho‘zmasiga, bo‘ynig‘a osaturg‘an oltun butiga va beshik to‘yisiga ham kafil bo‘lsun. 4. Turkiya xazinasi xristian butxonalariga har yili yangi qo‘ng‘iroq ishlatub bersun. 5. Xristianlarg‘a mutobi’atan har bir turk o‘z uyiga «Ona xudo bilan bola xudo»ning suratlarini ossun. 6. Har bir bo‘ynig‘a besh vaqt namoz farz bo‘lg‘an turk, o‘qug‘an namozidan keyin xristianlar haqiga duo qilmoqqa vijdonan majbur bo‘lsin. Agar turklar ushbu takliflarni bosh to‘lg‘amay qabul qilsalar, inshoolloh, o‘t balosidan, suv bolosidan va boshqa anvoyi turluk ziyon-zahmatlardan emin bo‘lg‘aylar. Taklifchilar o‘z talablarini turklar tarafidan lom-mim deyilmay, qabul qilinishig‘a ishong‘an edilar. Lekin Turkiya vakili Rizo Nuribek bu takliflarga qarshi shunday javob berdi: — Taassufki, biz bunday erkaliklarga quloq bera olmaymiz. Bu javobdan so‘ng butun ittifoqchi vakillariga bezgak kasali arz bo‘lib ikki parashokdan xinin iste’mol qilishdilar. Kerzo‘nning ko‘ngli ozib qolib va nazilus-kinnachiga yugurdi. Ikkinchi tomonda Ismat posha bilan bizning Chicherin to‘ra Rizo Nuribekka isiriq soldilar. Bu kun Luzonda qiziq tomoshalar bo‘ldi. Maskov xatlari I «Mushtum»! Huzuringdan chiqar chog‘imda manga bergan vakolating hamon bo‘ynimda tumordir. Biroq siporishingni qaysi yo‘sun bilan bajarishka hayronman. Chunki Maskovning barcha ishlari olipta, sanga yararliq yerini tutib berish qiyin; ko‘z tinib, bosh aylangan, miya ishlamaydir. San bundagi uzoq yaqindan bir oz chaq-chaq qilmoqchi eding, shekillik? Lekin bir oz yanglishkan ekanmiz; negaki, Maskovning o‘zi juda serchaqchaq odamlar emas. Ozg‘ina aybingni tutib, kula boshlaydilar. Ishtoni yo‘q tizzasi yirtiqdan kulgan… bu to‘g‘ri gap: bir chorakupa, o‘n paysa elik, bir plako‘n atir, bo‘yningga paytava, otasi g‘ij-g‘ijdan, onasi jim-jimdan kelgan, shovdirama engil kiyib, dovdirama bo‘lib ko‘chaga chiqmasang ish kashal. Aks holda moyliq kiyimingni modmozelga, qadoqliq qo‘lingni baringa tegizib bo‘lmaydir. Ishchi xalq ustida chaq-chaq bo‘lishi mumkin emas. Chunki ul san aytmasang-da, zavod ham fabrik, tutun va chiriklari bilan hozirga qorayg‘an, vaqtincha kayfu safoni bu oxirat kishilariga topshirib, o‘zi shu go‘rso‘xtalarga qabr qazish bilan ovora. Sanga nimalardan yozib yuborishg‘a hayronman. Chunki Turkistondan kelib bu yerda to‘ralikka o‘qub yotqan og‘a-inilarga yaqinlashish, ya’ni «Mahrami asror» bo‘lmoq uchun anchagina bordi-keldi kerak. Maskov markaz, uning binolari ham yetti-sakkiz qavat, osmoni keng, manga o‘xshash tuprog‘i yengil kishilar hash-pash deguncha «ayraplon» bo‘lib uchadir! Man yuqorida «Bordi-keldi kerak» degan edim. To‘g‘ri, ularga yaqinlashish uchun, albatta, vasiqa kerak. O‘zing yaxshi bilsang kerakki, faqiring vasiqasizlardan. Jilla qurig‘anda, ular bilan aloqa bog‘lash uchun eng ozi besh yillik «staj» lozim. Baxtka qarshi kaminangda bu qurg‘ur ham yo‘q. Shuning uchun bu tovarishlaring bilan to‘rt og‘iz gaplashib olmoq ham mushkul. Unga maynabozliq kerak bo‘lsa-ku, xayr; ensasi qotib turg‘anni ustidan chiqg‘an bo‘lsangmi, ehe… so‘zingizni qaytarib olishg‘a to‘g‘ri keladir. Nima qilay, tanqa burunlaringning yonig‘a yo‘lolmay, chet-chetda «qo‘nqaboy» bo‘lib yuribman-da! Kecha to‘satdan o‘sha «burodaroni istajo‘vlar»ning to‘rttasining majlisi ustidan chiqib qolibman. Darrov odamizodning yovvoyisini ko‘rish bilan hol o‘zgachayu sitam bo‘lakcha bo‘ldi. Go‘yoki faqiring bir chelak sovuq suv bo‘lib yonib turg‘an olovg‘a sepildim… Oyim-oyimga boqar, oyim tuynukka boqar; undan keyin sanda pichir, manda pichir… pis etdi-da, puvvakdan dam ketdi; shuv etdi-da, akang qarag‘ayni nam bosdi! O‘g‘ul-qizning maslahati ekan-da, deb o‘yladim. Aytchi o‘zing, bu stajfurushlaringning maqsadi nima, axir? Yoki maning o‘t-betimda pesim bormi, Xudo haqi tushunsam! Nima, manda o‘g‘ul-qiz yo‘qmi, manga kengash kerak emasmi? So‘zni nimadan boshlab yozishg‘a hayronman: Maskovning «Mirzaqiron chillaki»larining savdosi bilan umrguzaronliq qilg‘uchi ba’zi bir o‘qug‘uchilarimizning «Biri bit, biti sirka» bo‘lolmag‘anidan yozaymi, undan bunga savdo-sotiq uchun kelib, qayoqdag‘i tuturiqsiz shilingpocha go‘zallardan shatta yeb, Maskov ko‘chalarida salang‘lashib yurgan kammersant akalarimizning hayotidan yozaymi? Har holda, miyam o‘zimga kelguncha kutib tur-chi. II Goho Turkiston va Buxorodan bu yerga savdo uchun kelgan sudratma chopon, yopma salla akalarga uchrab qolishlar ham bor. Salla-chopon, kavsh-mahsi, belboqqa qistirilg‘an kir yovliq, ayniqsa, mahsining qo‘njig‘a havsala qilg‘an keng kovul ishton, bularning ustiga qo‘ldagi qahrabo tasbih… hammasi ham joyida! Akamning o‘zlaricha aytkanda, «chin musulmon», o‘zimga qo‘yib bersangiz «tirik namoyish» bu afandini ko‘rish bilanoq yeganim og‘zimda, yutkanim bo‘g‘zimda qoladir. Va esimga Turkiston va Buxoro tushib, go‘yoki araqqa yangi o‘rgangan boybachchadek bir seskanib ham yuboraman. Balki anuvlardan uyalib seskanarsan, dersiz. To‘g‘ri, lekin qisman. Chunki aksimni ko‘zguda ko‘rub oynaga tuflashni ahmoqliqdan sanab yurmagan bo‘lsam edi… Shuning uchun bu yerda seskantiraturgan omilning kattasi boshqa gap. Boshni cho‘lg‘ab olg‘an salla bilan yer supirib yurgan to‘n ostida bilasizmi, qanaqa lash-lush bor? Eshakka teskari mingan dangaldor taassub!!! Hozirgi kunda tilga olishkina emas, oyoqqa bosish ham uyat bo‘lg‘an bu akamning fikricha, ko‘b kishilar kiyim o‘zgartirib dindan chiqib ketdi, a, buning o‘zi bo‘lsa, alhamdulilloh eskicha, ya’ni dindan chiqg‘an emas. Nega desangiz, sallasi hamma vaqt boshida, to‘ni bo‘lsa, yer supiradir. Agarda ul shundan boshqa fikr bilan salla o‘rag‘anda edi, to‘n kiyganda edi, aytingiz-chi, uni kim ayblay olur edi, ayb qilishg‘a kimning haqqi bor edi? Evropa odamlari o‘rta asrdan qolma asarlarga juda qiziqib qaraydirlar, ularning bo‘sh vaqtlari muzalarga munhasir. Tasodifni qarang, ko‘chada o‘rta asrdan qolma bir siymo… Xalq o‘rta asr osorini ko‘b ko‘rgan ko‘rishka, lekin shuning bilan birga bunda-ko‘chada mujassam jonlik o‘rta asrning bir siymosi… tekin, mashaqqatsiz tomoshadan kim zerikadi, deysiz? Hammaning ko‘zi shu maymunda… taajjub, muhokama, istehzo, iljayish… Maskovda bo‘lg‘an kishiga aytkuligi yo‘q; Sevet, Tever va… bulvarlari. Ayniqsa, «Sevtino‘y bulvar» haqiqatan, ahli dardning yorug‘liq jahoni! Qosh qorayg‘andan so‘ng shu bulvarlar bo‘yincha insonlar dengizi oqadir. Bu dengizni o‘zimizning turmishga olib tasvir qilish o‘xshatish qiyin. Lekin o‘qug‘uchi mandan kulsa ham, o‘zimning kechagi o‘xshatishimni aytmay ketmayman. Siz yoshlik chog‘ingizda onangizga ergashib «kelin tushdi»ga borg‘anmisiz? Unda (kelin tushdida) bola-baqra, xotin-qiz, yigit-yalang, bo‘g‘oz-qisir xalqning qiy-chuv va bordi-keldisini ko‘rganmisiz? Ana shu «kelin tushdi»da kishiga allaqanday bir sezgu hosil bo‘lur edi. Bulvarni ham kecha shunga o‘xshatayozdim, lekin manovi yoqdan «kelin tushdi»ning soddaligi, pokligi bor! Kecha bir soat chamasi shu bulvarlarning birida daf’i dilgirlik qilib yurdim, bulvar qorong‘i edi. Yaqing‘inada ishchilar tomonidan yiqitilg‘an qora turmishning bulvar va resto‘ranlardagina qolg‘an qora iziga tabiat ham qovog‘ini solib qarag‘andek havo bulut, oydinsiz tun edi. Yashil yog‘ochlar orasidan tushkan tevarakdagi binolarning milt-milt yoruqlig‘i, ham bog‘ning odim-odim yeridagi ichkuluk do‘konlarining chirog‘i, boshqa ro‘shnolik yo‘q. Qisqasi, bulvar-bulvarchilarning nax ko‘nglidek. Ichkuluk do‘konlarining biriga yaqinlashqan edim, shu vaqt uzoqdan chirog‘da allaqaysi bir hamvatanim ko‘zimga issig‘-issig‘ ko‘rinmasinmi? Hovliqqancha oldig‘a yugurdim. Yanglishmag‘an ekanman. Haqiqatan, hamvatan bo‘lg‘an boyag‘i buxorolik musulmoni komil, lekin boshda toji shari’at yo‘q, uzun to‘n ustidan bel bog‘lang‘an, qo‘ltug‘dag‘u… (tavba!) jajmondekkina bir xotun! «Astag‘firulloh» deb qo‘ydim. Hamvatan yoki millati najib bilan tanish edim, ko‘rishdik, hol-ahvol so‘rashdiq. Mandan iymandi, shekillik xotundan qo‘lini olmoqchi bo‘ldi. Biroq xotun qo‘ymaydir, go‘yoki o‘zingiz bilgan eshikning oshiq-moshig‘i! Sharmandavozliq… Bu musulmoni komilni xotun bilan ko‘rgandayoq boshimg‘a bir fikr kelgan edi. — Maskovdan uylandingizmi? — deb so‘radim. Kutilmagan joyda imonlik qulning rangi o‘chdi, yuzida ivir-g‘ivir o‘zgarish sezildi va yonidag‘i yonqozuq bo‘lub turg‘an xotunchaga qarab oldi. — Xi… — dedi va qiynalib davom etdi, — musofirchilik, aybka qo‘shmaysiz… — Ihim… — dedim. Manim, qo‘ndoqda tekkan deysizmi yoki onadan tug‘ma deysizmi, ishqilib, bir adabsiz yaramas qilig‘im bor. Ya’ni payravi kelganda rioya, andisha degan gaplarni esimdan chiqarib, cho‘rttaki bo‘laman-qolaman: Ey o‘qug‘an besh vaqt namozing jigaringdan ursin! dedim va davom etdim: Ey tutkan ro‘zang, o‘girgan tasbihing luchchangdan ursin! dedim. — Ibi, hi… — O‘l, hi, — dedim va ketaberdim. — Ibi, beri qarang mullo… axi o‘zingiz ham musofir-ku… — O‘l, ku! — Ahi… III Bu kun Turkistondan gazetalar oldim. Qo‘ltug‘imda «Farg‘ona», «Zarafshon» ham «Turkiston» gazetalari; yo‘l bo‘yicha o‘qub boraman. «Turkiston» ko‘z ko‘rib, qo‘l tutkundek (O‘ratepaning sufrasidek deyishka og‘zim bormaydi) baynalxalq katta bir gazeta bo‘libdir. (Mundagi «baynalxalq» istilohini «baynalmilal» deb tushinmog‘ingizni o‘tinaman. Mehrobdagi domla imom pochchani behalovat qilg‘an Afandi, o‘zining javobida «Hikmatini orqamdag‘idan so‘ra» degan ekan. Unga o‘xshash siz ham bu istilohning hikmatini egasidan so‘rangiz!) «Turkiston»ning 327-sonini og‘darish-to‘ntarish qilar ekanman, ko‘zim Elbek o‘rtoqning «Tekinxo‘rlarg‘a» degan she’riga tushdi. Shoir bu o‘rinda juda ham to‘lib-toshib tekinxo‘rlarg‘a xitob qiladir. Talab olmoq sizlarga ko‘bdan qolma odatdir, Ammo talab yeguchi, bizcha, yolg‘iz bir itdir. Kimki talab tep-tekin yesa, bilgil, haromdir; Haromnida yeguvchi yana yolg‘iz bir itdir… Elbekning yolqinliq bu xitobig‘a qarshi talag‘uchi tilidan shunday javob berilsa bo‘ladir: So‘ksang so‘kgil, ursang urgil, yolg‘iz saning itingman. Kirlik taningga kirgan bo‘rdoqidek bitingman. Harom tanga harom bit, avatiga chavati; Qichinmangiz, sabchimang, tinchroq turing, bir so‘ray! Alqissa, shu son «Turkiston»ning boshqa qismlarini ham kuzdan kechira bordim. Kelib-kelib ko‘zim «G‘ayratiy» otliq yosh shoirimizning imzosiga tushib qolmasunmi? Yurak oshiqindi, yosh shoirning she’r bozorimizdag‘i yangi hunarini tomosha qilmoqchi bo‘ldim: Bu imzo ustidagi gapni she’r vazniga solib ko‘rmakchi bo‘lg‘an edim, lekin uxdasidan chiqib bo‘lmadi. So‘ngra shoirning dard va samimiyatiga tahsin o‘qub qo‘ydim. 194-nchi son «Farg‘ona» gazetasini ochdim. «Kapirasiya ham uning ahamiyati» bosh maqola: «Jahon urushi ham so‘ngg‘i vatandoshlar urushi orqasida Sho‘rolar hukumati tuzilishi bilan barobar, bu sho‘ro mehnatkashlar hokimiyatini kelgusida saqlab qolmoq ham mustahkam bir yo‘lg‘a qo‘ymoq uchun bizga kerak edi. Qaysi yo‘l bilan bo‘lsa ham, xo‘jaliq ishlarimizni tuzatmak, vayronaga aylangan ro‘zg‘orimizni to‘g‘ri yo‘lg‘a solmoq uchun bu to‘g‘rida turli choralarga kirishmak lozim edi…». Ko‘nak aravaga teskari o‘lturg‘anda, boshim aylanib, qusaturg‘an odatim bor. Bu maqolani o‘quy boshlashdanoq shu holga uchrab darhol mutolaani «valazzolin»ga yetkuzib, imzoni tomosha qildim: lolaqizg‘aldoqqa o‘xshash bir narsa ko‘zga arang-arang ilinar edi… Gazetaning ichkarisini ochdim, Shokir Sulaymonning «So‘zim…» degan she’ri yag‘rin tashlab yotar edi. Bunda shoir kimgadir xitob qiladir: Erkin bog‘larda sen chechak otding, Qaro izlarni ko‘rmading, ketding, Umid, amalga keng quloch ochding, Qayg‘u alamga yondoshmay qochding… degach, shoir o‘zining bu qochishg‘a bo‘lg‘an rizosizlig‘ini izhor etib: Unitsa bo‘lmas mahzun kunlarni, Unitmak mushkil qonli tunlarni… deydir. Faqir, bundagi «Qaro izlarni ko‘rmaguchi» to‘g‘risida uzoq tafakkurga ketib «Tibbi Yusuf» va «Tibbi Akbar»larni ochib nihoyat shunday gap topdim: «Tibbi Akbar»ning aytishiga qarag‘anda, agar bir kimarsa yorug‘liqni tark etib, ammo qorong‘uliqni imtiyoz qilmasa, ul odam «shabko‘r»dir. Va yana yangi tibni ko‘rdim. Buning aytishiga qarag‘anda, agarda bir kimarsa yig‘i o‘rnida qahqaha qilsa, unday odam «isterika» degan asabiy og‘riqqa mubtalodir. Bas, bu taftishotdan ma’lum bo‘ladirkim, inson sihatining mezoni e’tidoldir. Zamonamizdagi e’tidollarini yo‘qotg‘uchilarg‘a belanchakdan tushmagan yosh bola hukmini berish to‘g‘ri bo‘lur deb o‘ylayman. Vallohi a’lam bissavob. «Zarafshon» gazetasini ochdim. Sadag‘ang ketay, ish juda katta. Bu gazetamiz kattalikda Yevropa gazetalaridan sira qolishmaydir. Ma’no jihatidagi fikrimni so‘rasangiz, o‘ylashib javob beraman; chunki, hozirgi maqsadim uning tili ustida. Har bir son «Zarafshon»ni qo‘lg‘a olg‘ach, bir muncha tojik kaltagini yeb usta bo‘lg‘an o‘zbek tilini uchratmay mumkin emas. Bu gazetada o‘zbek tilining salmog‘i (ohangi) va uyg‘unliq ham ochikdig‘i ko‘pincha tojik kudinggini yeb, belangi bo‘lib chiqadir. «Jahon muhorabasining ko‘b qatorida Sharq xotunlarig‘a ham ko‘b zararlar ketirishi «Ko‘mmunist» gazetasida noshir J.Ivanova o‘rtoqning «Sharq xotuni va muhoraba» ismlik bir maqolasida ochiq ko‘rsatiladir» («Sharq xotuni va muhoraba» degan maqola «Zarafshon» 173-nchi son). Yana; «Angiltara vakillari sho‘ro qarzini ta’min qilish va’dasi sabablik loyihaning og‘ur («og‘ir» bo‘lsa kerak burodarlar!) lashtirilg‘anlig‘ini so‘zladilar!» (shu sonda). Tag‘in: «Mo‘pirning xitobasi» (marhum «Mulla Nasriddin» tiriklik kunlarida «xitobnomasi» deb o‘qur va yozar edi!) va boshqalar. Undan keyin «skidka»ni «guzasht» deydir, «chegirish» degan bilan tili kesilib qoladir, deb eshitdim. Endi bu uch gazetamiz imlosi ustida dasti darozliq qilayliq: Lo‘lining lozimini ko‘rganingiz bormi? Ko‘rgan bo‘lsangiz ish oson. Yana sizga bir hikoya: Surnaychilardan bittasi mashq qilib turg‘an ekan, shul vaqt savili ham qo‘shilishib yuboribdir. Bu bemaza mashqdan achchig‘lang‘an surnaychi, surnayini qo‘lig‘a olib: Yo san chal va yo man chalay! degan. Shunga o‘xshash bizning imlolarimizning «Unisi qolsinu va yo bunisi!» Shu choqqacha bu to‘g‘rida so‘z aytkuchi birorta bemaza mardikor yo‘qlig‘i ajoyib bir hodisadir. Hozirgi gazetalaringizdan olg‘an taassurotim shugina, boshqa gaplar boshqa vaqtg‘a. Ha, aytkandek, bir gap esimga tushdi, bu yerga yozish bu gapning o‘rni bo‘lmasa ham, nima bo‘lg‘anda ham, kitobka kirib qolsun, deb o‘yladim. Toshkanddagilardan bittasi yozadir: «Mashhur falonchi oshnang deydi, xotuni ustiga olg‘an yosh mahbuba xotunchasini, deydi, o‘z rizo va ixtiyori bilan, deydi, o‘z uyida bir botavfiq yigitka nikohlab berdi, deydi. Bu to‘g‘ri gapmi? Zerikkandir va yo yangisi topilg‘andir, deb o‘yladim. IV Tibbi jo‘gining aytishiga qarag‘anda, tumovning mansha’i uchdir: birinchi bodi muxolif, ikkinchi suvdan yasalgan holva, uchunchi tuzsiz osh. Ammo uchuniq to‘g‘risida hukamoi qadim tumovning mansha’i bo‘lg‘an haligi uch unsurning insonga birdan yopishg‘an holi debdirlar. Baharhol bu nazariyalar garchand asr diydalardirlar va lekin hukamoi asr hoziraning fikrlariga ham uncha muxolif emasdirlar. Ammo faqirul-haqir, xodimul-hukamo va muhibbul-atibbo, garchi ustodlarning aqli salimlariga qarshi borishdan hazar qilurman, illo tumov va uchuniqqa bo‘lg‘an o‘z nazariyot va kashfiyoti jadidalarimni bu yerda arz qilmasdan ham o‘tolmayman. Shuni ham aytib qo‘yayinkim, faqirning kashfiyotim mahzi tajriba asosiga mabni, ko‘rib-kechirganlarimning aynidir. Ojizingizcha, Maskovdagi «Buxoro bilim yurti»dek bo‘yining qarish bo‘lg‘anig‘a qaramasdan soqolining ikki qarish bo‘lmoqlig‘i; bitta yashchik bilan to‘rtta prikashchik yollanmog‘i; usti yaltirag‘ani bilan ichining qaltiramog‘i; sanog‘i bo‘lg‘ani bilan salmog‘ining yo‘g‘lig‘i mana bularning har birisi yangi zamon tumov va uchunig‘ining omillaridandir. Bu hollar birma-bir tajriba va sinashlardan o‘tkazilib, so‘ngra arzi bandalikka qo‘yiladirlar. Vallohi a’lam bissavob. Bu kun ham tuni bilan bel va boldirlarim sirqirashib, og‘rib chiqdi. Sim karavatning cho‘kurtaklari poxol to‘shakdan turtib chiqib, haligi sirqirashlar bilan birgalashib menga hujum qilg‘anda, faqir mahbubasi to‘g‘risida o‘ylab ko‘ziga uyqu kelmagan oshiqlardek bilong‘lab to‘lg‘anar edim. Bilong‘lay-bilong‘lay bir oz uyqug‘a borg‘ach, ko‘z o‘ngimdan ba’zi turkistonlik akamlarning nutqig‘a o‘xshash tuturig‘i yo‘q tushlar yasov torta boshladi. Va bu orada qilobxon to‘ram jizz etib allaqaysi yerimni o‘pib olg‘an edilar, ko‘zim moshdek ochilib ketib, qorovul chaqirg‘animni o‘zim ham sezmay qoldim. Xullas, har kundagidek bu kun ham mijja qoqish qiyin, to‘lg‘anish oralarida bir necha qayta karavatdan ham yumalab yerga tushdim. Zarari yo‘q, biron yerim qaltis-paltis yemadi. Ertalab boshim laqillab suvga tushkan nondek bo‘lib, ensam qotqani holda uyg‘ondim. Kichkinagina kulbamiz muzdakkina sovig‘an, badanimdan ba’zi o‘runlari bir muncha mo‘g‘orlag‘ansumol edi. Og‘zimni kappa-kappa ochib rutubat miqro‘blaridan uch-to‘rt yuzini nahorga tanovul qilg‘ach, ustidan qir-qir qilib yo‘talib ham qo‘ydim. Ba’dazon yuzimni qiblaga qaratib Maskovning shunday bolonishin yeridan uy olib, menga o‘xshag‘an nimjonlarni ramaqijonlik darajasiga yetkuzishga tavajjuh qilg‘an vakolatxonamiz haqig‘a duoyi xolis uchun qo‘limni ochdim. Asnoyi duoda negadir, pol tegidan cho‘l qurbaqa ham churillab yubordi, qo‘limni yuzimga surtishim bilan sho‘rlab yotqan devordan shitir-shitir qilib bir-ikki hovich turpoq yerga to‘kildi. Mazmuni, duo qabul bo‘ldi shekillik! Imirsib-g‘imirsib, ihrab-sihrab karrido‘rga chiqg‘animda bir burchakka besh-o‘ntasi yig‘ilishib «boychechak» aytishib turar edilar. Ularning yonig‘a siltong‘lab man ham bordim. Baxay? dedim. Ular ham manga o‘xshash voyvoyagi bola ochqanlardan emish; qaysisi belangilik dardiga mubtalo bo‘libdir, kimi oyoqidan ayrilayozibdir va qaysisi nohina tumov va hokazo va alohozal-qiyos. Biz turkistonliklarning mahrimizga barobar sahni bilan o‘n bir yog‘ochliq uy, to‘qquz yog‘ochliq ayvon va amloki ro‘zgor, sariq sigir, yassi qozon, qaqir-quqir degandek qayin otamizning chorvog‘idan, ya’ni Maskovi firdavs monandning gadoy topmas ko‘chasidan tushkan. Qari qiz, peshonangga yig‘la, deyarsiz, albatta; haqqingiz bor… Haligi voyvoyagi bola ochqanlarg‘a Ayubi sobirning sabrini tilagach, kulbai ahzondan chiqib jo‘nadim. Manzil uzoq, rohila oz degandek, manzilga yetib olish uchun ikki tromvoyga minish kerak, ammo rohila oz… Siltong‘lanib botmonu dahsar yo‘l yurgach, yo‘l ustida bo‘lg‘an Buxoroyi sharif bilim yurtlariga yetdim. Silla qurig‘an, bir oz nafasni rostlab olish taqozo qilur edi. Buxoro bilim yurtiga burildim. Bo‘sag‘ada Buxoroning amirzodalari deyayinmi, o‘qug‘uchilari deyaymi, haytovur, ikkining birisi; olipta kiyim, puff-puff, soch taralg‘an, batinka moylang‘an, og‘izda sovnarko‘mskiy popiris, buralib-buralib chiqg‘an tutun, ko‘z o‘tkan-ketkan allakimlarda… Ensa qotish kasalim qo‘zg‘alon qilib La havl… bilan bu birinchi tilsimotdan o‘tdim. Nariroq borib bir vaqt qarasam, tevaragimni ona suti og‘zidan kelgan yosh go‘daklar o‘rab olib man bilan hoyduqi o‘ynamoqchi bo‘ladirlar. Bolalari tushkir zerikib qolg‘an ekanlar shekillik, biravi to‘nimdan, biravi pochamdan yulib-yulqib sakkiz tomong‘a torta ketdilar. Ba’zi bir sut qo‘msag‘anlari meni allakimlari fahmlab ko‘kragimga tirmasha boshlag‘an edilar, uzr aytib arang unatdim. Bo‘lmasa, sharmandavozliq desangizchi! Shundan so‘ng bolalar bilan manim holimga chetdan kulib, tomosha qilib turg‘an bir Tursunboydan so‘radim: — Bular qayerda tug‘ilg‘an bolalar, Buxorodami, Maskovdami? — Buxoroda. — Qochon kelganlar? — Yo‘rgaklarida. — Nima qilmoqchilar? — O‘qumoqchilar. — Onalari ham birgami? — dedim va oyoqim ostida chuvalashib yotqan bolalarni aldab-suldab chetlatgach, ilgari yurdim. Eshik oldig‘a yetishim bilan shu orada o‘lturgan yetti-sakkizta qiz birdan bor tovushlarini qo‘yib «Yig‘lama yorim»ni kuylab yubordilar. Quloq solmoqchi bo‘lg‘an edim, ensam qotinqirag‘andek bo‘lib, darhol o‘zimni ichkariga oldim. Kattakon zol; to‘g‘rig‘a yursangiz bog‘, chapga yursangiz darsxona, o‘ngga burilsangiz qulub va qiroatxona, ya’ni to‘rt tarafingiz qibla, shaqshaqa maydonu umbila baytal. Man qiroatxonag‘a kirdim. Bilim yurtidagi bolakay o‘qug‘uchi o‘rtoqlarimdan bittasi o‘zining kattalarcha aqli bilan so‘rashish o‘rniga manga popiris tutdi. Rahmat aytib oldim. Popirisni sasitib, ko‘b qismini pashsha chaynagan gazeta va kitoblar ichidan yangilik oxtara boshladim. Ko‘b mashaqqatlar nihoyatida Buxoro bilim yurtining yaqing‘inada chiqg‘an «Yubiley majmuasi»ga ko‘zim tushdi. Man ham yubileyga ishtirok etib, bir putu o‘ttuz yetti yarim qadoqliq havsala bilan majmuani o‘quy ketdim. Bir yillik yubileyga atalib yozilg‘an rango-rang maqolalar, hayto-hayt shiorlar, shakardan totliq, asaldan laziz obi rabbano nusxa «Ol ketti!» umidlar, haybarakalla tantanalar o‘ruschaga tarjumasi bilan mavjud edi. Undan keyin so‘ng mo‘dada tushirilgan rasmlar, ayniqsa, «Yubiley kuni ziyofatka yig‘ilg‘an mehmonlardan bir qismining choy ichib o‘lturgan vaqtlari» va o‘zgalar kishiga ajab bir maroq bag‘ishlar, yubiley kuni ajoyib tantana bilan o‘tkazilgani onglashilar edi. Tekkanga to‘y, tekmaganga tafarruj degandek, ba’zi o‘rtoqlarg‘a to‘ydan to‘qquz-to‘qquz tegib, rasmda qayta-qayta qo‘nqayibdirlar. Majmuani ko‘zdan kechirishim hamono badanimda bir uyushkanlik, ensamda burishkanlik his etdim. Buning bilangina qolmay bir necha qayta atsam voqe’ bo‘ldi, ya’ni kutilmagan joyda baytalmon tumov tekkan edi. Hapshu!.. V Behad va behisob salom va payomlardan so‘ng boshlab har jihatdan tom huquqlik meros boybachchasi O‘zbekiston Sho‘rolar Jumhuriyatini yangi ro‘zgor va yangi hovli bilan tabrik qilaman. Va qo‘shkan qo‘shog‘i bilan dunyo turguncha turib, bolaliq-chaqaliq, uvalik-juvalik bo‘lg‘ay edi. Oqni qoradan, foydani zarardan ajratib ro‘zgor tebratkay edi, deb qo‘lni yuzimga surtaman! So‘ngra ojizlaridan hol so‘rasalar, Tangriga shukr, o‘ynab-kulib yuribman va yana hamma vaqt barchalarining duoyi jonlari bilan mashg‘uldirman. Bu yerdagi bolalari ahvollaridan so‘rasalar, alhamduliloh, ular ham erkagu urg‘ochi, bo‘g‘ozu qisr degandek, o‘ynab kulib yuriydirlar. Subhi shom balki aladdavom tahsili ulum ko‘yidadirlar. Ammo bolalaringiz orasida beg‘oya va beomol oshiq o‘ynab, it urishdirib, ko‘ynak-ishton yirtib yurganlari yo‘q, deb ayta olmasam ham, lekin bor, deyishka ham tilim bormaydir. Yolg‘onchini Tangri dushmanim, degan ekan: bor desam yo‘q chiqsa; yo‘q desam, bor chiqsa tongla ro‘zi mahsharda nima deb javob beraman? Qisqasi, so‘z shulki, ularning ichiga oralashib, azmoyish qilib ko‘rganim yo‘q. Basharti janoblari bul ma’nini bilishka orzumand bo‘lsalar va yana to‘rt enlik nos qog‘ozni darig‘ tutmay ishoratini qilsalar, kamari xizmat beldadir (uch-to‘rt kunim sadqai azmoyish ketsin!) Va yana maxfiy qolmag‘aykim, ma’rifat isini olib Maskovga chopqan birmuncha iskavichlaringiz azbaroyi maktablarning tiqilinchligi sababidan, soni ilgarigi o‘zingiz ko‘rgan katta tollarning kesilib ketkanligi jihatidan ko‘cha-ko‘ylarda sarson va sargardon bo‘lib qoldilar. Bularning fikrini qilib, biror aybini o‘zingiz ko‘rmasangiz ahvol ko‘b parishondir. «Ozig‘ini topib berolmagach, iskavich ko‘paytirishning nima hojati bor?» deb, Ovsar maxzumingiz marhamat qiladirlar. Aybga qo‘shilmasin! «Elakka kirgan oyimning elli og‘iz gapi bor» degandek, bir-ikki kalima ezmalik qilaturg‘an bo‘lsam, boshlab Maskovga yuborg‘an ba’zi bir… tutallaringiz ahvollarini yozmasdan o‘tib bo‘lmaydir. Shundoqki, ulardan qaysilari to‘ppa-to‘g‘ri Xo‘jaboy xalfaning xaltasidan chiqg‘an suzma qurtdek mazaliq ekanlar va yana «Yurt ko‘rgan el ko‘rgan» degandek, uch-to‘rt kun Maskovda anqayishib yurdilar, so‘ngra palovni sog‘ing‘andek bo‘lib alang‘lashg‘a boshlag‘an edilar, haytovir biz talabalaringizdan ba’zi biravlarimiz ikki yorti bir butun bo‘lishib ularni palov jihatidan mamnun qilishdik. Uyog‘-buyog‘dan qilib, degandek palov oldidan «qizilcha» ham o‘tilib turildi, shekillik… Shu anqovlaringiz to‘g‘risig‘a ba’zi biravlar barishnami-ey, marjami-ey, ishqilib, allanarsa balolarni qo‘shib, so‘zlashib yurgan edilar, ammo ojiz ishoninqiramadim, chunki shari’atda ru’iyat e’tibor, degan so‘zni eshitkanim bor edi. Muhiddin qori ashulachingiz keldi. Bechoraga choychaqani oz berganga o‘xshaysiz, pulsizlikdan «befarzand arvoh»dek chirqirab yuribdir, go‘yo Maskovni tinchitkandek, endi Italiyag‘a bormoqchi emish. Ovsar maxzumdan bu to‘g‘ridag‘i fikrini so‘rag‘an edim: «Otang nechilik bo‘zchilik, sanga kim qo‘yibdir bu noma’qulchilikni» degan javobni berdi (o‘zi ham juda cho‘rttaki-da!). No‘yabr o‘tayozg‘an bo‘lsa ham, hali og‘ir oyoqingiz Maskovdan qimir etkani yo‘q. Yoz bor, qish bor, degandek «yov quvdi» deb o‘ylaysizmi? Bo‘lsa bo‘lar, bo‘lmasa g‘ovlab ketar, savil qolg‘uri! Qochiqlaringiz birin-sirin kelishib turishibdirlar. Xotirjam’ bo‘lursiz. Ovsar maxzumingiz bo‘lsa ular to‘g‘risida tullakdan chiqsalar odam bo‘lib ketarlar, deb yuriydir. Ha, aytkandek, shu kecha-kunduzlarda bolalaringizning ovqat vajhidagi ahvollari juda tang bo‘lib, ko‘b umirlari Turkpredsedatelingizning eshigida o‘ta boshladi. Pulni vaqtida yubormas emishsiz. O‘ldim-o‘ldim, deganda bir so‘m, ikki so‘m yalatib ko‘yadirlar. Bechoralaringiz pul kutib, saboqni bilmay domladan kaltak yeb, juda dovdirashib qolishdilar. Qish bo‘yiga ham shu mujmallig‘ingizni davom etdirsangizmi? Ha, deya uch-to‘rt qanor paxta-maxtadan sotib bo‘lsa ham shularingizni tinchitib qo‘ying, dada! Paxta pishib qoldi-ku, axir. O‘zim bo‘lsa bir-ikki haftadan beri uydan eshikka chiqmay tuxum bosqandek tinchkina yotibman. Maskov ko‘chalaridek sertashvish joylarda sanqiy berib nima qilay? Xudoy ko‘rsatmasin, xaptamabil-maptamabilning tegida qolsam-a… Ojizdan ul yerdagi qiltiriq xo‘ja, jimildiriq so‘fi, tuzoquzar maxsim, olbosti to‘ra va boshqa anvo’i turlik cho‘b-xas, sharabaralarga salom aytarsiz, deb qalam tebratguchi: Maslaku maqsaddan shammai izhor Bu yo‘llarni qoralag‘uchining ota-bobosi hazrati Odam atodan tortib, gohi dehqon, gohi mardikor, gohi sarjinchi, qisqasi shulki, zodagonlar ta’biricha, «Biri bit biti sirka» bo‘lmay kelgan o‘nqovsizlar sinfidandir. Ammo men bo‘lsam mustamlakachilar kaltagini yeb, kaltak zarbi bilan ko‘zim moshdek ochilib (urub qoling aylanay pochcha!) alqissa, ota kasbim bog‘dorliq bo‘lsa ham, zamonaning zayli, to‘g‘risi, mo‘dasi bilan otimni muharrir, o‘zimni ziyoli, Sharqni mazlum, Angliyani zolim, batinka kiyishni madaniyat, guruppabozliqni salohiyat, dinni taassub va moddani tabiiyotdan hisoblab kelmakdadirman. Shunchalik fazlu kamolni sanag‘andan so‘ng o‘z-o‘zidan ma’lum bo‘lsa kerakki, faqir uncha-muncha kafshi ko‘chada qolgan alvir-shalvirlardan emasdirman. «Rang ko‘r, hol so‘r», degan ekan mashoyixlar. Bu endi, maslaki sharif. Ba’zi bir yaratilg‘ancha qolg‘an o‘rtoqlarim maydonda bo‘lmasalar edi, o‘zimni shunchalik keng maslagimga yarasha maqsadimni ham ochikdan-ochiq so‘zlab berar edim. Lekin gap shundoq bo‘lsa ham, bu o‘rinda faqat sizgagina yuragimni ochib solmoqchiman. (Biroq so‘z shu yerda qolsin, zinhor so‘zni chuvaltirib, temirchilik qilib yurmang, o‘rtoq, zinhor!) Durust, oyoq olishimni ko‘rgach, dushman sinfning «Notavon ko‘ngilga qo‘tur tog‘ora», deyishida shubha yo‘q. Modomiki, manim maqsadimga, ya’ni orzu-havasimga zamin bor ekan va zamon musoid ekan, nega man do‘sti-dushmanning ta’nasidan-to‘vvasidan hurkib turay? Modomiki, manim hammaslak va hammaqsadim bo‘lg‘an o‘rtoqlarim o‘z g‘oyai omollarini fe’lan va amalan isbot qilmoqda ekanlar, nega man mulohaza daryosida cho‘milay? Birlab emas, yuzlab o‘rtoqlarim rasmiy bo‘lmasa-yu, dumaloq-yassi ravishda xotunni ikki qilmoqda ekanlar, tokay man bir xotun bilan aziz umrimni barbod beray? To‘qquzlab emas, to‘qquz yuzlab ishchi o‘rtoqlarim og‘ilda otliq, dalada qo‘shliq, cho‘bonda qo‘yliq bo‘lib qolg‘an ekanlar, man tokay yag‘ir eshakka ham ega bo‘lmay? Ba’zi biravlarim Buxoro va Xo‘tan degan joylardan ipak gilamlar keltirganlarida va Maskov, Leningrad degan shaharlardan royal degan mablag‘lar, oynai jahonnoma degan lash-lushlar oldirtirg‘anlarida, tokay man otam marhumdan qolg‘an eski po‘stakda umur kechiray. Xotunginam royal o‘rniga charx yigirsin va man oyna topolmay aftimni tiniq suvdan ko‘ray? Do‘stlarim, oq uy ola bargohlar solib ayshu ishrat qurg‘anlarida, tokay man har soat sajdaga moyil turg‘an chorcho‘pning orasida «La havla»… o‘qub kun kechiray? Do‘stlarimdan bittasi ikki ming chervonska tushirib, shohona bir imorat qilg‘an ekan, o‘tkan kun fotihaga borib keldim. Nafsilamrga qarag‘anda, Toshkandda o‘zining oliy binolar solishi bilan mashhur bo‘lg‘an To‘xtajonboy va Orifxo‘ja eshonlarni bir cho‘qishda qochiraturg‘an bino bo‘libdir. Hordiq chiqarg‘andan so‘ng «Ko‘cha tomonga isiriq bog‘lab qo‘y, mehmonxonangdan oshna-og‘aynini uzma, dasturxoningni kalu ko‘rdan ayama!», dedim. Oshnamning yaxshi niyat bilan qilg‘an imoratini ba’zi bir maorifsiragan muttahamlar, «Maktab uchun muvofiq bino bo‘libdir, ot aylanib qozig‘ini topar!» deb ivir-shivir qilar ekanlar. Ko‘chaga chiqg‘an edim, imoratni tomosha qilg‘uchilardan bo‘lg‘an bir tiyiqsiz shoir: Vaqtoki aftodahol eding, yelkangda apkashing, Sut o‘rniga suv sotish kasb erdi sanga yakkashing. Ajabo, bu ko‘rdig‘im taraqqo-turuq nadir? Ajabo, bu shohona qasiru ravoq nadir?! deb ta’na toshini otmoqchi bo‘ladir. Burjuaziya ideolo‘giyasi bilan sug‘orilg‘an bu shoirni yaxshilab koyidim va «Tovshingni o‘chir, haromi!», dedim. Bas, sanga o‘rtoq, ma’lum bo‘lg‘an bo‘lsa kerakki, bu maqolam bilan nima demakchiman. Xudoyg‘a shukr, manda ham o‘g‘ul-qiz bor, bas, manda ham orzu-havas bor, lekin tole’ degan muttaham yo‘q. Man boshda: Qalam guftoki, man shohi jahonam, Qalamkashro ba davlat merasonam. baytiga ishonib yozg‘uchilik kasbiga kirishkan va har soat tepa tuynukdan tushib kelaturgan davlatni kutkan edim. Lekin endi yetti yildirki, na davlatdan xabar bor, na qornim to‘yib tomoq yegan kunimni eslay olaman. Etagim etagimga yetkan bo‘lsa, Toshpo‘lad tajangning haqqu hurmati! «Qalam guftoki…»ning shoiri to‘ng‘uz qo‘psa-chi, mani yetti yildan beri bekorga sarson va sargardon qildi, harom tukimga turmayturg‘an xashpara maxsimlar yorug‘ dunyo orzu-havasining arshi a’losigacha borib yetkanlarida, man qo‘tir itning keyingi oyoqi ham bo‘lolmadim. Kecha uyda o‘lturib, o‘tkan samarasiz kunlarimga vovaylo o‘qur va nafsimga anvo’i sarzanishlar berar edim. Nihoyat boshimg‘a bir savol keldi: Modomiki, dunyog‘a kelib orzu-havas kechirmakchiman, modomiki, ipak gilamlarda, shohona binolarda sayru guliston etmak asli g‘oyai omolimdir; bas, endi nima qilay? Albatta, birinchi galda eski shiorim bo‘lg‘an «Qalam guftoki…»ni churuk lattaga tugib, toqchag‘a tashlashim kerak edi, tashladim va qalamimni qars etdirib ikkiga bo‘ldim, shuning ila barakasiz yozg‘uchilik kasbim bilan vido’lashdim. Ammo murodu maqsadga tezroq yetishmak uchun vosita bo‘lg‘an yangi kasb saylash masalasida miyam suyila boshladi. Yangi kasbim uchun dehqonchiliqni chog‘lab boqdim. Lekin bu kasb, xususan, shu zamonda epaqaliq hunarga o‘xshab ko‘rinmadi. Shundoqki, basharti dehqonchiliq qilg‘animda bir yilda bir yuz put hosil olsam, bir put bug‘doy sakson tiyin bo‘lsa, mundan o‘ttuz puti kapsanga, ya’ni po‘stdumbaga chiqib ketsa, sotib puliga noxotsho‘rak olib yesam… «Yo‘q», dedim: san manga to‘g‘ri kelmas ekansan, dedim. So‘ngra paxta ekishni jo‘plab ko‘rdim. Basharti ikki botmon yerga paxta eksam, paxtam bo‘ldi, deb turg‘animda, chelaklab qoru yomg‘urni quyib bersa-da, birinchi so‘rt paxtam ikkinchi uchunchiga tushib, ya’ni besh so‘mim yarmiga qolib, orzu-havasgina emas, uyimdagi eski po‘stagim bilan boshqa qaqir-ququrlarim ham paxtaning yamog‘iga ketsa… «La havla»… o‘qub, dehqonchiliq to‘g‘risida tavba-tazarru’ qildim. Savdogarchilik ham yonboshqa kelarlik ko‘rinmadi; «ur» deyishdan qichig‘an joying qayerda, deb nolo‘gini solib bersalar bormi, orzu-havas qiya-da, Xudoy ko‘rsatmasin. Tag‘in bu hunarning yovvoyi chiqimlari ham behisob, deb eshitkanim bor. So‘ngra hozirgi mo‘zabzab zamonada orzu-havasning eng a’lo darajasiga borib yetkan o‘rtoqlarning kasblarini tekshirib ko‘rdim: Uyingga bug‘doy to‘laberg‘urlarning kunlari yo bir sarkor va yo bita-yarimta olaqarg‘axo‘janing o‘chog‘ining kulini olib, haligidek o‘g‘lining tuvagini to‘kkuchi inson aft, to‘ng‘uznamo, mag‘zava maxsim o‘rtoqlarim bo‘lib chiqdilar. Darhol man qaror berdim: Otingni sot, to‘ningni sot, shu ikkining biri bo‘l, Bo‘lolmasang, ayo baxtsiz, bu kuningdan ko‘ra unniqib o‘l! Balki siz: «Shu afti-angoring bilan sanga ham hemi?» deyarsiz va: «Yag‘ir eshagingni chuh de!» deb kularsiz. Yo‘q, man bu hunardan endi ortiq to‘ydim, bu so‘zimni Madikarimning oldida ham aytaman, Abdikarimning oldida ham. Modomiki, manim maqsadimga zamon musoid ekan va zamin bor ekan, man nega umidsizlanay? Shul kecha ko‘ribman bir yaxshi tush, Boshimda jig‘am, qo‘limda qush!.. Siz hozirga «Ko‘knorini ko‘proq ichibsan», dersiz va holimga kularsiz. Ammo bir yildan so‘ng uyimga bir mehmon bo‘lingiz-chi. Borishda o‘ng qo‘lda, kelishda chap qo‘lda shohona bir imorat. «Bu kimniki?» deb so‘rasangiz, albatta, faqirning ismim tantana bilan qiroat qilinur, darbozadan ichkariga kirsangiz bir gulzor, to‘rda xudda amiri Buxoroning arkidek oliy, mutantan bir zol; bu manim sizningdek go‘sxo‘rlarni qabul qilaturg‘an mehmonxonam, yetti zina orqaliq yuqorig‘a chiqsangiz, oldi romlik kayvoni ayvon; lekin hozir bo‘lingiz, esingizni yo‘qotib qarshidag‘i oynaga to‘qinib peshonangizni qashqa qilib qo‘ymang tag‘in! Bu oynani Masko‘v shahridan bir oshnam keltirib bergan, bahosini bilmasam ham lekin qimmat, deb eshitdim. Bu yoqqa kiring, buyoqqa; gilamning ustidan, ha-ha-ha, gilamni bosishg‘a hayf ko‘rdingizmi. To‘rga, to‘rga, ishkafning tegiga! — Yangi hovli muborak bo‘lsin?! — Qutluq bo‘lsin! Qo‘lingizni fotihaga ko‘targaningizda, ko‘zingiz devordagi shu baytka tushar: Zamonimiz zamon bo‘lsin, Manmanlari omon bo‘lsin! Matbuot Ikkinchi sonig‘acha o‘n besh kunda bir, uchunchi sonidan boshlab oyda bir, to‘rtinchi no‘miridan e’tiboran oyda bir, beshinchi sonini, xudoy bilsun, yilda bir chiqaturg‘an o‘zbekcha «Inqilob» mujallai mubajjallasining 4-adadi alayhir-rahmasi bosmaxonadan arang qutilub chiqib qo‘limizg‘a tushdi. Jurnalning bu soni boshqalarig‘a qarag‘anda mundarijaga boy, ma’lumotga to‘kus, so‘zga ustadir. Jurnalning yozuchilari ham qurama bo‘lub; uch qozoq, to‘rt o‘rus, yetti tatar, bir tojik, uch o‘zbeklardan iboratdir. Elimlik til masalasini istisno qilg‘anda, jurnal janjalliq masaladan bariydir, munazzahdir. «Inqilob» jurnalining yer yuziga og‘a-iniliq tuxumini sochmoqg‘a xizmat etuvchi bir mujallai mubajjalla ekanligida shubha yo‘q. Po‘chtalo‘nlarning xabar berishlariga qarag‘anda «Zuhal» bilan «Atorud» yulduzlarida ham «Inqilob»ni suyub o‘qur ekanlar. «Mirrix»da esa «Inqilob»ning 1-2 sonlari ortuq bir muhabbat bilan o‘qulg‘an. Lekin uchunchi sonidan boshlab orada bir onglashilmovchiliq chiqqan va 4-adadda bu onglashilmovchiliq tag‘in ham kuchaysib, «Mirrix» o‘quvchilarini ikkiga bo‘linuvlariga sabab bo‘lg‘an. «Mirrix» yulduzidan oling‘an keyingi po‘chta xabariga qarag‘anda, oshlashilmovchiliq kichkinagina bir nuqtada ekan. Shundayki (Er yuzidagi «Inqilob» o‘quvchilarig‘a ham ma’lum bo‘lsa kerak), jurnalning 2-sonida «Asari badi’a» lavhasi ostida marhum qozoq shoiri Oboydan bir namuna yozilg‘an edi, mana ushbu «badi’a» «Mirrix»dagi Oboy va uning tevaragida bo‘lg‘an qozoq bovurlarning ruhini naqadar yuqori ko‘targan bo‘lsa, Navoiy va navoiychi o‘zbeklarni shu yanglig‘ ruhlarini tushirmakka sabab bo‘lg‘an. Chunki Navoiy birinchi galda namuna uchun o‘z «Asari badia»sining «Ichqilob»da qo‘yilmog‘ini kutkan ekan. Xabarlarga qarag‘anda, Navoiy 3-son «Inqilob»dag‘i «Asari badi’a»dan bir oz ranjigan bo‘lsa-da, lekin 4-sondan umidlanib, «To‘rtinchida mandan bir narsa bo‘lur» deb kutib turg‘ani ustiga lo‘p egib tatar shoiri To‘qayning «Jayga tong»i bosilib, Navoiy va navoiychilarg‘a tag‘in ham yomonroq ta’sir etkan, rivoyatlarga qarag‘anda, Navoiy va uningtevaragidagilar «Inqilob»ning «o‘zbekcha»ligi to‘g‘risida shak-shubhaga tushganlar va hatto sabag‘ich qalam bilan «…O‘zbekcha jurnal» o‘rnig‘a «Qozoqcha-tatarcha jurnal» deb yozib ham qo‘yg‘anlar. Masala buning bilangina qolmay, «Mirrix»ning udabo va shu’arolar yig‘ini»da Navoiy Oboy bilan To‘qayg‘a uchuruq qilib, «zo‘raki shoirlar…» deb qo‘yg‘an. Qiziqqonliq Oboy bunga qarshi sukut etishka chiday olmay «Chidaganga chiqarg‘an, piltakach» degan. To‘qay ham jim tura olmag‘an: «Sin bunarg‘a bik ochulanma, Navoiy hazrat sheg‘ringni tatar onglamiturg‘an bir tilda bik yamsiz, bik chuvar yozilsing. Ul endi shulay bulmicha mumkin tugil!» degan. Bularga qarshi Navoiy: «Totor uchun chig‘atoy tilini onglamoq og‘ir kelgay» deb so‘zlay boshlag‘an ekan, mirzo Bobur: Ash’oring, isming, fazling mashhuri ofoq turur, Arzimagan ish uchun qizishuving otingga kelishmay turur,— deb Navoiyni to‘xtatg‘an. Mana shu «Mirrix»dagi qon qizishuvlarni istisno qilg‘anda «Inqilob» muttafaqun alayh suyulub o‘qulmoqdadir. Obloshkasindag‘i masjid suratiga ishonib bo‘lsa kerak, so‘ngg‘i kunlarda «Inqilob» domlalar qo‘lida ham ko‘rinib qoldi. Keyingi son «Inqilob»ning idoradan javoblar qismida: «…Chilbirni o‘zimizga topshirib qo‘ysangiz xalqning taraqqiy va salomatiga muvofiq bir joydan boshlab olib chiqamiz» deb berilgan va’da bilan S. Ayniy afandining ham «Inqilob»g‘a bo‘lg‘an ixlosi ilgarigi holig‘a qaytg‘an. Kimgadir: «Chilbirnigina emas, arqonni ham «Inqilob»g‘a topshirdim!» degan. Ma’orif sho‘rosi diqqatig‘a So‘ylab o‘lturuvning ham luzumi yo‘qdurkim, bizim uchun bir-bir masaladan ham ilgariroq maktab masalasiga jiddiy qarab, kamchilik-etishmagan yerlarini takmil va isloh etmak maorifga cho‘l xalqimizning diqqatini shul nuqtaga jalb etmak kerakdir. Boshqa ishlarga e’tiborsiz qaraganimiz kabi, bu maorif ishini ham muxmal qoldirsak vaqtidan isti’foda etmagan, tushimizga ham kirmagan yengiliklarga kufroni ne’mat etgan bo‘lurmiz. Istibdod davrida biz musulmon yoshlarning kecha-kunduz maktab-maktab deya baqirdiqlarimizni ko‘z oldimizg‘a keltirsak, endi o‘shal vaqtda imtilgan amalimizni ko‘z oldimizda ko‘rarmiz. Ish shundog‘ ekan, endi ham tanballik etsak, butun mas’uliyat kelajak tarixda bizim ustimizda bo‘lur. Mundan bir necha kunlar ilgari bir necha o‘rtoqlar ila musohaba etishmoqda edik. Musohiblar ichida ibtidoiy maktablarimizdan birining mudiri… afandi ham bor edi. Millatning istiqboli faqat maktablar ila porlayajag‘iga imon keltirdig‘imdan haligi afandidan hozirgi ibtidoiy maktablarimizning borishindan, bu yilgi qishga maktab hayotida hozirlikdan savollar berdim. Afandi shundoq javob berdi: «Xalqimizning yangi maktablarga rag‘bati juda yaxshi. Maktabda joy yetishmaydir. Boshqa maktab muallimlarining holidin xabarim bo‘lmasa ham o‘zimizning muallimlarning o‘z vazifasiga tushunib harakat etuvchilar, deya olaman. Lekin yozuv asboblariga favqulodda ehtiyoj kechirmoqdamiz. O‘qush uchun yozuv asboblari so‘rab guruhlab «Maorif sho‘rosi»ga murojaat etsak ham, shu choqqacha bir natija chiqmadi. Maorif sho‘rosining bizga javobi «Shoshmang, barisi topilur»dan nariga o‘tmay bu yo‘lda harakat etdiklari ko‘rilmaydir. Agarda qish uchun qalam, daftar va boshqalar hozirlanmasa — ko‘ngilsiz natija berishi tabi’iydir. Chunki maktab bolalarining aksarisi ishchi-kambag‘al bolalari bo‘lib, bir dona daftarni 40-50 so‘mga, bir dona qalamni 30-40 so‘mga oluvlari g‘ayrimumkindur. Holbuki daftar bir bola uchun yolg‘uz birgina emas, darsga qarab olti-ettitacha lozimdir. Mana shu taraflarini o‘ylaganda bilmadim, maktablarimiz qishda ne hol kechirar. Ammo maorif sho‘rosini bu masalaga iltifoti boyagi». Man bu so‘zni mundan ilgari ham bir muallimdan eshitgan edim. Endi buning ila ikkinchi bo‘ldi. Yozuv asbobi masalasi haqiqatan ham muhum bir masala bo‘lib, vaqtinda tadbiri ko‘rilmasa haligi afandining aytkanidek, yaxshilik ila natijalanmasa kerak. Maktabdagi o‘quvchi shogirdlar kambag‘al kishilarning bolalari o‘ldiqdan daftar-qalamni o‘z yonlaridan oluvlari mumkin emas. Zo‘rg‘agina kunini o‘tkazib turgan ishchi xalq o‘g‘lining daftar-qalami uchun oyiga bir-ikki yuz so‘m chiqimdor bo‘lib bola tarbiya etuvi, boshqa millat ishchilari uchun bizga qaraganda ongli bo‘ldiqlaridan yengil bir ish bo‘lsa ham, bizning endigina shu yo‘lga oyoq boskan kambag‘al xalqimiz uchun oson bo‘lmasa kerak. Bizning qora-nodon ishchilarimiz o‘g‘lining maktabi uchun oyiga bir-ikki yuz so‘m chiqimdor bo‘luvi esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri: «Man sening maktabingg‘a muncha chiqimdor bo‘lib o‘qita olmayman», deydirda, o‘g‘lini maktabdan olib, o‘quvdan mahrum etar. Bu bizim uchun tabiiy bir ishdir. Hozirda o‘quv asboblari bozordan topilib turgan bo‘lsa ham so‘ngroq topilmov ehtimoli ham bor. Ishchi bolalari yonlarindan daftar-qalam olganlarinda, oqchaga ham topilmay boshlasa tag‘i bir balo bo‘lur. Shuning uchun «Maorif sho‘rosi»ning bu masalaga yaxshirok ahamiyat beruvi, albatta, lozimdir. Masalaning ahamiyatiga tushingan «Maorif sho‘rosi» balki muning gadosiga kirishkan chiqar, lekin bu holda bu ishga tadbirsiz qaramak, endigina yo‘lga qo‘yilgan ibtidoiy maktablarimizga o‘tkazilgan millat gullari bolalarimiz uchun bir jinoyat bo‘lur. Mochalov Otingdan aylanay Mochalov… Ismi sharifingni eshitsam butun borlig‘img‘a sirqiroq kiradir, Mochalov!.. O‘tub ketdi o‘shal davrlaring: Eski shahar ko‘chalarida muborak vujuding ko‘rinib qolsa, homilalik xotunlar bola tashlar, yig‘loq bolalar yig‘idan to‘xtar, dag‘dag‘ai zolimonangni tatig‘an benavolar dir-dir qaltirar edilar. Qo‘lingda qamchin, belingda oshpichoq, shopdak murtingning ostidag‘i sassiq og‘zingdan «Qizingni… onangni… diningni… ota-bobongni…» degan zikri oliylar doim favvora urar edi. Eski shaharning yetti yosharidan to yetmish yosharig‘acha saning so‘kug‘ingda, tepug‘ingda edilar. Balki qo‘msarsan o‘shal kunlaringni? Albatta, qo‘msaysan. Boshqalarini qo‘msamasangda iftrovoy gildi ko‘paslar mehmonxonasida yegan palovlaringni, norinlaringni qo‘msaysan. Pudratchilar, zavodchilar uylarida ichkan aroqlaringni, hafta sayin qozilardan kelib turaturg‘an paketlarni, ayniqsa 1916 yil rabochiy voqeasida davlatxonangga arz-dod uchun borg‘anlarni otib, gunohsiz qonlarni suv o‘rnig‘a ichishlaringni qo‘msaysan! Falakning gardishi qurib uyi kuysunki, saning mash’um kunlaringni qaytub kelmaslik etub, tuzatdi. Buning bilangina qolmay, tinchkina ishlab turg‘an issig‘ o‘rningni sovutdi-da, turmaga ketirib tiqdi. Falakat ulug‘, foji’a katta… Bu kun insofi yo‘q, rahmi oz (go‘yoki o‘zing) Toshkand musulmonlarining borlig‘i deyarlik sanga da’vogar! Ey falak, uying kuysun falak. Mochalov to‘raga o‘shal davlatlarni o‘zing bermadingmi? Endi bechoraning qarig‘an kunlarida bu yanglig‘ sarson, bunchalik sargardon qilishingda qanday hikmat bor? Qayg‘urma, to‘ram. Ko‘bchilik emasmi, balki shavkatlik kunlaring-da issig‘ingni ko‘rganlar himoyangda bo‘lurlar. Agar ishing chappa ketsa, joning jannatda bo‘lsun!.. Nafsi shayton Hangama talab bo‘lsang, Shayxantahurga yo‘rta ber, Bir noz egasi qanjuq — Ming dumsizni o‘ynatur. O‘qug‘uchi o‘rtog‘im! Agar siz maning bu maqolamdag‘i mavzu masalamga tegishligi yo‘q bir eski musulmon bo‘lsangiz o‘zingizda iqrori sarihi sahihi mo‘tabari shar’iy qilursiz! Nimaga deysizmi? Har kun kechasi Shayxantahur bozori shabida uchrayturganingiz marjalar’ orqasidan ergashib yuriturg‘an o‘zimizning zanjirsiz iskovichlarimizga! Yana nimaga deysizmi? Volidasi bilan hamshirasining upa-eligi va o‘sma-surmasini o‘g‘urlag‘an navnusxa yoshlarimizg‘a va o‘zlarining sun’iy diydori sharifiga maftun akalarning og‘zidan oqqan so‘lakaylariga! Ol-ha, hayitingiz muborak! Bu so‘ngg‘i sinf vofurushlar haqida marhum parikmaxer Hojining qachondir manga: «O‘zlari mato’larini bozorg‘a solsalar na qilay?» degan uzuromuz so‘zining to‘g‘rilig‘ig‘a imon kelturub, hammamiz ham faylasuf Hakim Hojining ruhiga duo qilayliq. Domlalarcha etkanda olam hodis-de… Ho-ho-ho-ho… Olam hodisning uyi kuysunki, har kun kechasi shu hangama yuz ko‘rsatsa, har bozori shab bir martabagina emas, yuz martalab yuz bersa!.. Agar esingiz bo‘lsa, buning o‘zi oxir zamon alomati… Yoki bo‘lmasa nafsi shayton!.. Nafsi shayton? Agar nafsi shayton endigi kunlarda shunday kishi tanimasliq bo‘lub o‘zgargan bo‘lmasa… astag‘furulloh… Bizning ilgarigi zamonlarda nafsi shayton degan narsa Mirza Bekyontisning chiroylik pivoxonasida bo‘lar edi. Nainki Shayxantahur boboning gumbazi ustida!.. Siz ham har kun kechasi ko‘rarsiz: militsaning go‘ristonliqdan ushlab chiqaturg‘an tuppa-tuzuk odamshavanda sochi taralg‘an, dumi yuluq, qib-qizil barkashdakkina yuzlik sun’iy afandixon hazratlari bilan o‘zini fir’avn qizi bilgan dilbarxon…larni!.. Bali, bali, yuzingdan nur tomadir-a afandim?.. Bu holni ko‘rganlardan qaysidir bir yangi musulmon eski musulmonlarg‘a xitoban: Nomiga musulmonlar, Haqliqda quruq jonlar! Bulgatdi bobong ustin, Na bo‘ldi musulmonliq! — deydir. Yana birovi Shayxantahur bobog‘a qarab: Ustingda o‘tar har tun Bir ming jo‘ra hayvonliq! Erding-ku valiylardan Na bo‘ldi buzurvonliq?! — deydir. Lekin bu xitoblar ortiq bir taassub, ammo haqiqatka kelganda: «Nafsi shayton!» Nahs bosqan ekan Kashmiridan kelgan romchining oldig‘a o‘lturub: — Qani bir baxtimizni sinab qarayliq-chi, —dedim. — Ranjmi, g‘oyibmi, hozirmi? — deb so‘radi. «Ko‘rning tilagani ikki ko‘zi», «Kampirning dardi g‘o‘zada» degandek, manim ham o‘ylaganim sizga o‘xshag‘an «Choti ayri, boshi yumoloq» dardisarlar emasmi, shuning uchun maqsadimni onglatdim. — Kimdansiz? . — Kimdan bo‘lar edim, shu ko‘rib turganingiz etaksizlardan. — Ya’ni? — Ya’ni, o‘zbak. — Istiqbolimiz qalay ekan, demakchisiz-da? — Ha, shunday, sadag‘a. Kashmiri qur’a toshlarini yig‘ib olib ro‘mol ustiga chochdi, toshlarni yettiga bo‘lib yetti joyg‘a qo‘ydi va mulohaza bilan so‘zlay boshladi: — Xalqingizning oshig‘i olchi, pichog‘ingiz moy ustida; xalqingiz rost ko‘chani qo‘yib, past ko‘chadan yurar ekan, ko‘plaringiz eshakka teskari minib chirmanda chalar ekansiz… to‘g‘rimi? — To‘g‘ri, sadag‘a, — dedim. — Bandaning boshi — Ollohning toshi, deydirlar: biringiz Abdulqafo’ vallohi azim, ikkinchingiz — shoptoli qoqi do‘st bedanam, uchunchingiz — Moniyning yasag‘an surati, to‘rtinchingiz — bo‘yni g‘avslar uchun laganbardor; shaharlaringiz xaroba, qishloqlaringiz vayrona, xalqingiz aql-hushidan begona, xotunlaringiz shinni, kattalaringiz ninni, shuning uchun bolalaringiz jinni, yigitlaringiz yuraksiz ahmoq, qizlaringiz sochi uzun-pahmoq, otlaringiz eshak, eshaklaringiz xo‘tuk..!_ — Karomat qilasiz, pochcha, dedim. Kashmiri davom qildi: — Toshg‘a qarang, birodar, toshg‘a: bu so‘zlarni man so‘zlamayman, tosh so‘zlaydir, toshlar! Istiqbolingiz kuppa-kunduzidek yoruq, yigirma besh yil desammikan, elli yil desammikan, har holda muddat uncha uzoq emas, pichog‘ingiz moy ustida ko‘rinadir: To‘rt tomoningiz qibla; xalqingiz tomg‘a chiqub «halala hashtu» o‘ynag‘aylar. Mustamlakachilar «Tom tepkanga besh yong‘oq — tepmaganga qo‘y qumaloq!» deb maymun o‘ynatqaylar… Istiqbolingiz juda ajib: ko‘rganlar darmonda, ko‘rmaganlar armonda, yigitlaringiz hez ochqaylar, ko‘blaringiz tabdili surat qilib eshak, ho‘kuz va maymunlashqaylar; ulamolaringizning ishlari tag‘in ham qiziq: bechoralar miyadan ajralib, lozimlarini salla qilg‘aylar va ko‘cha-ko‘ylarda vo dino vo shari’ato, deb chopishub yurgaylar… Pol shu o‘rung‘a yetkanda ortiq chidab turolmay: — Etar, sadag‘a! —dedim. Ko‘ngil aynab, ko‘z o‘nglarim qorong‘ilanib ketdi. Polning nazrini tashladim-da, boshim oqqan tomong‘a kalavlab ketdim. Yo‘l-yo‘lakay ko‘zimga ko‘ringan akalar endi shox chiqarib kelmakda bo‘lg‘an ho‘kuzga va goho yangi tug‘ulg‘an xo‘tukka o‘xshab ketar edilar, uyimga kirar ekanman: — Bizni toza nahs bosqan ekan, — deb bir hovuch sovuq suv ichib yubordim… Nega kim Elbek o‘zining maqolasida nega «negakim»ni ko‘b yozadir? — Negakim, Elbekning tuprog‘i «negakim» degan yerdan olinub «kim-kim» degan daryoning suvidan aralashdirilib, loy qiling‘ani uchun. Mirmulla aka nega Hamza Hakimni ilgarigidek yerga urmay maxtiy boshladi? — Negakim, Hamza Hakim jonidan to‘yg‘anidan so‘ng Mirmullag‘a sohnada afsun o‘qub, dam urgani uchun. Janob saodatmaob, muhtaram «Nomakob»ning yozg‘an falsafalariga nega men tushunmayman? Negakim, janob «Namakob» o‘tacha olim bo‘lg‘ani uchun. Nega xalq betoblanub, sayohat jabdug‘ini tuziy boshladi? — Negakim, ramazon oyi yaqinlashgani uchun. «Ishtirokiyun» gazetasi nega bir kun chiqub, bir kun chiqmay oqsay boshladi? Negakim, harf teruvchi xizmatchilarni hukumat ortiqcha tuydurub, qorun soldirg‘ani uchun. Nega gazetalarda turklar borasida dahanaki ur-ur, sur-sur, janjal, to‘polonlar bosilub qoldi? — Negakim, hamma janjal afandining choponi ustida bo‘lg‘ani uchun. Nega men «Nashriyoti G‘ozi Yunus» haqinda yozmadim? — Negakim, bunga xos qasidaning borlig‘i uchun. Nega so‘zingni shu yerda to‘xtatmoqchi bo‘lasan? — Negakim, bundan ortiqni zamon ko‘tarmag‘ani uchun. Nima qayoqqa ketadir Ishchining topqani xo‘jayinning xaltasig‘a ketadi. Sovdagarning topqani o‘g‘ul to‘yisig‘a ketadi. Toshkand ko‘nchilarining topqani qishliq to‘kma bilan yozliq gapka ketadi. Qimorbozning topqani gartkam bilan to‘rtta oshiqqa ketadi. Bedanabozning topqani tariqqa ketadi. Muridning topqani eshonga ketadi. Eshonning topqani sakkizta xotung‘a ketadi. Xotunlarning topqanlari issiq-sovuqchi domlag‘a ketadi. Boybachchaning topqani «Turkvino» bilan barishnaxonlarg‘a ketadi. Yoshlarning topqanlari upa-elik bilan o‘sma-surmalarga ketadi. Eski shahar ispolqo‘mining topqani har xil yuqori shefstvolarga ketadi. Baladiya bo‘limining topqani xizmatchilarning maoshiga ketadi. Vaqf sho‘basining topqani idorasini bejash uchun qip-qizil gilamlarga ketadi. Otning topqani eshakka ketadi. Bo‘rining topqani tulkiga ketadi. «Mushtum»ning topqani turkistonliklarning tumshug‘iga ketadi. Ushbularning o‘qug‘an kishining dami — dambalig‘a ketadi! Bizning topqanimiz achchiq-tiziqqa ketadi! — deb, Mulla Julqunboy yozdilar. O'tkan kunlar — 01. Otabek Yusufbek Hoji O'g'li Birinchi bo‘lim 1264-inchi hijriy, dalv oyining o‘n yettinchisi, qishki kunlarning biri, quyosh botqan, tevarakdan shom azoni eshitiladir... Darbozasi sharqi-janubiyga qaratib qurilg‘an bu dong‘dor saroyni Toshkand, Samarqand va Buxoro savdogarlari egallaganlar, saroydagi bir-ikki hujrani istisno qilish bilan boshqalari musofirlar ila to‘la. Saroy ahli kunduzgi ish kuchlaridan bo‘shab hujralariga qaytqanlar, ko‘b hujralar kechlik osh pishirish ila mashg‘ul, shuning uchun kunduzgiga qarag‘anda saroy jonliq: kishilarning shaqillashib so‘zlashishlari, xoxolab kulishishlari saroyni ko‘kka ko‘targudek. Saroyning to‘rida boshqalarg‘a qarag‘anda ko‘rkamrak bir hujra, anovi hujralarga kiygiz to‘shalgani holda bu hujrada qip-qizil gilam, uttalarda bo‘z ko‘rpalar ko‘rilgan bo‘lsa, munda ipak va adras ko‘rpalar, narigilarda qora charog‘ sasig‘anda, bu hujrada sham’ yona-dir, o‘zga hujralarda yengil tabi’atlik, serchaqchaq kishi-lar bo‘lg‘anida bu hujraning egasi boshqacha yaratilishda. Og‘ir tabi’atlik, ulug‘ g‘avdalik, ko‘rkam va oq yuzlik, kelishgan, qora ko‘zlik, mutanosib qora qoshliq va endigina murti sabz urgan bir yigit. Bas, bu hujra bino va jihoz yog‘idan, ham ega jihatidan diqqatni o‘ziga jalb etarlik edi. Qandog‘dir bir xayol ichida o‘lturg‘uchi bu yigit Toshkandning mashhur a’yonlaridan bo‘lg‘an Yusufbek hojining o‘g‘li — Otabek. Saroy darbozasidan ikki kishi kelib kirgach, ulardan biravi darboza yonidag‘i kimdandir so‘radi: — Otabek shu saroyga tushkanmi? Bizga tanish hujra ko‘rsatilishi bilan ular shu tomonga qarab yurdilar. Bu ikki kishining bittasi gavdaga kichik, yuzga to‘la, ozroqqina soqol-murtlik, yigirma besh yoshlar chamaliq bir yigit bo‘lib, Marg‘ilonning boylaridan Ziyo shohichi deganning Rahmat otliq o‘g‘lidir, ikkinchisi: uzun bo‘ylik, qora cho‘tir yuzlik, chag‘ir ko‘zlik, chuvoq soqol, o‘ttuz besh yoshlarda bo‘lg‘an ko‘rimsiz bir kishi edi. Bu yigit yaxshig‘ina davlatmand bo‘lsa ham, lekin shuhrati nima uchundir boyligi bilan bo‘lmay, «Homid xotinboz» deb shuhratlangan, kishilar Homid orqasidan so‘zlashkanda uning otig‘a taqilg‘an laqabni qo‘shib aytmasalar, yolg‘iz «Homidboy» deyish ila uni tanita olmaydirlar. Homidning Otabek bilan tanishlig‘i bo‘lmasa ham Rahmatka yaqin qarindosh— Ziyo shohichining qaynisi, Rahmatning tog‘asi. Ular hujraga kelib kirdilar. Otabek kelguchilarni ulug‘lab qarshiladi. — Bizni kechirasiz, bek aka, — deb Rahmat uzr aytdi, — vaqtsiz kelib sizni tinchsizladik. Otabek ularga yuqoridan joy ko‘rsatar ekan, yoqim-liq bir vaziyatda: — Tinchsizlamadingizlar, bil’aks quvontirdingiz-lar,— dedi, — shahringizga birinchi martaba kelishim bo‘l-g‘ani uchun tanishsizliq, yolg‘izliq meni juda zeriktirgan edi. Shu orada hujraga bir chol kirib ul ham mehmonlar bilan so‘rashib chiqdi. Bu chol Hasanali otliq bo‘lib, oltmish yoshlar chamasida, cho‘ziq yuzlik, do‘nggiroq peshonalik, sariqqa moyil, to‘garak qora ko‘zlik, oppoq uzun soqollik edi. Soqolining oqlig‘iga qaramasdan uning qaddida keksalik alomatlari sezilmas va tusida ham uncha o‘zgarish yo‘q edi. Otabek mehmonlarni tanchaga o‘tquzib, fotihadan so‘ng Hasanalidan so‘radi: — Tuzukmisiz, ota — Xudoga shukur, — dedi Hasanali, — boyag‘idan bir oz yengilladim. Mazmuni is tekkan ekan. — Ba’zi yumushlar buyursam... — Buyuringiz, o‘g‘lim. — Rahmat, ota, bo‘lmasa bizga choy qaynatib bersangiz-chi. — Xo‘b, begim. Hasanali chiqdi. Rahmat Otabek bilan yana bir qaytib sog‘liq so‘rashqandan keyin so‘radi: — Bu kishi kimingiz bo‘ladir, bek aka? Otabek Rahmatning savoliga javob bermay eshikka qaradi. Hasanalini hujradan uzoqlatib so‘ngra javob berdi: — Qulimiz. Bu so‘zdan nima uchundir Homid ajablangan edi. — Qulingiz? — Shundog‘. Hasanalini bolaliq vaqtida Erondan kishi o‘g‘irlab kelguchi bir turkman qo‘lidan Otabekning bobosi o‘n besh tillo barobariga sotib olgan edi. Hasanalining Otabeklar oilasida qulliqda bo‘lg‘anig‘a elli yillar chamasi zamon o‘tib, endi Otabeklar oilasining chin bir a’zosi bo‘lib ketkan. Xo‘jasi Yusufbek hojiga, ayniqsa, xo‘jazodasi Otabekka itoat va ixlosi tom bo‘lib, buning evaziga ulardan ham ishonch va hurmat ko‘rar edi. Hasanali o‘ttuz yoshliq vaqtida sotib olg‘an bir cho‘riga uylantirilgan bo‘lsa ham, ammo o‘g‘il qizlari bo‘lmag‘an, bo‘lsalar ham yoshliqda o‘lib ketkanlar. Shuning uchun bo‘lsa kerak, Otabekka ixlos qo‘yib, unga o‘z bolasi kabi qarar: «O‘lganimdan keyin ruhimga bir kalima qur’on o‘qusa, bir vaqtlar Hasanali ota ham bor edi deb yodlasa, menga shunisi kifoya» deb qaror bergan va hozirdan boshlab Otabekka bu to‘g‘rida sipo-rishlar berib, undan samimiy va’dalar olib yurg‘uchi oq ko‘ngil bir qul edi. Hasanali ustida bo‘lg‘an haligi gapdan keyin Rahmat so‘radi: — Toshkanddan nimalar keltirdingiz, bek aka? — Arzimagan narsalar: gazmol, qalapoy afzali va bir oz qozon. — Marg‘ilonda gazmol bilan qalapoy afzalining bozori chaqqon, — dedi Homid. Otabek miqrozi bilan sham’ so‘xtasini kesib tuzatdi. Orada yotsirashka o‘xshash bir hol bor, nima uchundir bir so‘zlab ikki to‘xtar edilar. Bu o‘ng‘aysiz holatdan chiqish va, so‘zg‘a ulab yuborish uchun Rahmat tirishkandek ko‘rinar edi. — Marg‘ilonni qanday topdingiz, bek aka, xushlandingizmi, yo?.. Bu savolning javobiga Otabek ikkilangandek va o‘ng‘aysizlang‘andek bo‘ldi. — Nima desam ekan... Marg‘ilonni har holda... xush ko‘rdim, Marg‘ilon Turkistonimizning to‘qug‘uchiliq hunarida birinchi shahridir. Ikkilanib berilgan bu javobdan Homid bilan Rahmat bir-birlariga qarashib oldilar. Otabek bu holatni sezdi va o‘zining so‘zini kulgulikka olib izoh berdi: — Kelgan kunimdan Marg‘iloning‘izni xushlamay boshlag‘an edim. Chunki tanishlarim yo‘q, musofirchilik bilinib qolayozg‘an edi. Endi bu soatdan boshlab Marg‘ilondan roziman, negaki, yo‘qlab kelguchi sizning kabi qadrdonlar ham bo‘lur ekan. — Kechiringiz, bek aka, — dedi Rahmat, — men sizning Marg‘ilon kelganingizni bu kun otamdan eshit-dim. Yo‘qsa, albatta sizni zeriktirmas edim. — Aniqmi? — To‘g‘ri gap, — dedi Rahmat, — otam Toshkand borg‘anlarida to‘p-to‘g‘ri sizning eshikingizga tushsinlar-da, siz saroyga tushing. Bu taraf bilan sizdan o‘pkani biz qilsaq arziydir. — Haqqingiz bor, — dedi Otabek, — ammo bi-rinchidan, sizning havlingizni so‘rog‘lab topish menga qiyinroq ko‘rindi, undan so‘ng molimizni ortg‘an tuyakashlar shu saroyg‘a tayinlang‘an edilar. — Har holda bu uzr emas. Hasanali dasturxon yozib qumg‘on kirgizdi. Odatiy takalluflar bilan dasturxon va choyga qaraldi. Homid nonni shinniga bulg‘ar ekan so‘radi: — Yoshingiz nechada, bek? Otabekning labi qimirlamasdan choy quyib o‘tirgan Hasanali javob berdi: — Bekka xudo umr bersa, bu yil hamduna bo‘lsa to‘ppa-to‘g‘ri yigirma to‘rt yoshga qadam qo‘yadilar. — Yigirma to‘rt yoshga kirdimmi, ota? — dedi bek. — Chindan ham necha yoshga kirganimni o‘zim bilmayman. — Yigirma to‘rt yoshga kirdingiz, bek. Homid tag‘in so‘radi. — Uylanganmisiz? — Yo‘q. Hasanali Otabekning yolg‘iz «yo‘q» bilan to‘xtashiga qanoatlanmadi va bu to‘g‘rida o‘z tomonidan izohlar berishni lozim ko‘rdi: — Bek uchun bir necha joylarga qiz aytdirmak istalingan bo‘lsa ham, — dedi, — avval taqdir bitmaganlik, undan keyin bekning uylanishka bo‘lg‘an qarshiliq-laridan bu kungacha to‘y qilolmay kelamiz. Ulug‘ xo‘ja-mizning qat’iy niyatlari bu safardan qaytg‘ach bekni uylandirishdir. — Manimcha, uylanishdek nozik bir ish dunyoda yo‘qdir, — dedi Rahmat va Otabekka yuz o‘girdi. — Uylangach, xotining tab’ingga muvofiq kelsa bu juda yaxshi; yo‘qsa, munchalik og‘ir gap dunyoda bo‘lmas. Otabek Rahmatning bu so‘zini samimiyat bilan qarshiladi. — So‘zingizning to‘g‘rilig‘ida shubha yo‘q, — dedi,— ammo shuni ham qo‘shmoq kerakki, oladirg‘on xotiningiz sizga muvofiq bo‘lishi barobarida er ham xo-ting‘a muvofiquttab’ bo‘lsin. — Xoting‘a muvofiq bo‘lish va bo‘lmasliqni uncha keragi yo‘q, — dedi Homid e’tirozlanib, — xotinlarga «er» degan ismning o‘zi kifoya... ammo jiyan aytkandek, xotin degan erga muvofiq bo‘lsa bas. Rahmat kulib Otabekka qaradi. Otabek ham isteh-zolik tabassum orasi Homidga ko‘z qirini tashladi. — Uylanishdagi ixtiyorimiz, — dedi Rahmat, — ota-onalarimizda bo‘lg‘anliqdan, oladirg‘an kelinlari o‘g‘illarig‘a yoqsa emas, balki uning ota-onalari o‘zlariga yoqsa bas. Bu to‘g‘rida uylanguchi yigit bilan er qilg‘uchi qizning lom-mim deyishka haq va ixtiyorlari bo‘lmay, bu odatimiz ma’qul va mashru’ ishlardan emasdir. Masalan, men otaonamning yoqdirishlari bilan uylandim... ammo xotinim ota-onamga muvofiq bo‘lsa ham menga muvofiq emas, siz aytgandek, ehtimol men ham xotinimg‘a muvofiq emasdirman... So‘zingiz juda to‘g‘ri, bek aka. Otabek Rahmatning so‘zini ixlos bilan eshitdi va «sen nima deysan?» degandek qilib Homidga qaradi. — Jiyan, — dedi Homid Rahmatka qarab, — boshlab uylanishing albatta ota-onang uchun bo‘lib ulardan ranjib yurishingni o‘rni yo‘q. Xotining ko‘nglingga muvofiq kelmas ekan, muvofiqini olib, xotinni ikki qil. Bunisi ham kelishmasa uchunchisini ol. Xotinim muvofiq emas deb zorlanib, hasratlanib yurish er kishi-ning ishi emas. Rahmat Otabekka kulimsirab qaradida, tog‘asig‘a javob berdi. — Xotin ko‘paytirib, ular orasida azoblanishning nima hikmati bo‘lsin? — dedi. — Bir xotin bilan muhabbatlik umr kechirmak, manimcha, eng ma’qul ish. Masalan, ikki xotinliqning bittasi sizmi? Uyingizda har kuni janjal, bir daqiqa tinchlig‘ingiz yo‘q. — Seningdek yigitlar uchun albatta bitta xotin ham ortiqchaliq qiladir, — deb kuldi Homid. — Ko‘b xotin orasida azoblanish o‘zi nima degan so‘z? Qamchingdan qon tomsa, yuzta xotin orasida ham rohatlanib tiriklik qilasan. Men bu kungacha ikki xotin o‘rtasida turib janjalg‘a to‘ygunimcha yo‘q, ammo xotinni uchta qilishg‘a ham o‘yim yo‘q emas. — Sizga taraf yo‘q, tog‘a. Homid mag‘rur bir tusda Otabekka qaradi. Otabek uning so‘zidan kulimsiragan edi. Hasanali palovg‘a urnash uchun tashqariga chiqdi. Otabek mehmonlarga choy quyib uzatdi. Homidning haligi so‘zidan keyin oradag‘i bahs kesilgan edi. Uchovlari ham bir narsaning xayolini surgandek ko‘rinar edilar. Bir necha vaqt shu holda qolishib Rahmat tog‘asidan so‘radi: — Mirzakarim aka qizini erga berdimi, eshitdingizmi? Bu savoldan nima uchundir Homidning chehrasi buzildi va tilar-tilamas javob berdi: — Bundan xabarim bo‘lmadi. Gumonimcha, bermagandir. Rahmat so‘zdan chetda qoldirmas uchun Otabekni ham orag‘a oldi: — Bizning Marg‘ilonda bir qiz bor, — dedi, — shundog‘ ko‘hlikki, bu o‘rtada uning o‘xshashi bo‘lmas, deb o‘ylayman. Homid bir turlik vaziyatda yer ostidan jiyaniga qaradi. Tog‘asining holidan xabarsiz Rahmat so‘zida davom etti: — Shahrimizda Mirzakarimboy otlig‘ bir savdogar kishi bor, bu shuning qizidir. Balki siz Mirzakarim akani tanirsiz, u bir necha vaqt Toshkandda qutidorliq qilib turg‘an ekan? — Yo‘q... Tanimayman. Homidning yuzidagi boyag‘i holat yana ham kuchlanib go‘yo toqatsizlang‘andek ko‘rinar edi, Rahmat davom etti: — Uning havlisi poyafzal rastasining burchagidagi imoratdir. O‘zi davlatmand bir kishi; Toshkand ashroflarining ko‘blari bilan aloqador bo‘lg‘anliqdan balki otangiz bilan tanish chiqar. — Ehtimol, — dedi Otabek va nima uchundir g‘ayri-ixtiyoriy bir tebrandi. Uning yuzida bir o‘zgarish va vujudida bir chayqalish bor edi. Undagi bu o‘zgarishdan Rahmat xabarsiz bo‘lsa ham, ammo Homid uni yer ostidan ta’qib etar edi. Bu ta’qib Otabekdagi haligi o‘zga-rishni payqabmi yoki tasodifiymi edi, bu to‘g‘rida bir mulohaza aytish, albatta mumkin emas. Yana bir necha vaqt jim qoldilar. — Endi biznikiga qachon mehmon bo‘lasiz, bek aka? Rahmatning bu so‘zi bilan Otabek xayolidan bosh ko‘tardi: — Xudo xohlag‘an vaqtda bo‘larmiz... — Yo‘q, bek aka, — dedi Rahmat, — siz aniqlab bir kunni tayin qilingiz, biz bu yerga sizni taklif qilg‘ali kelganmiz. — Ovora bo‘lmoqning nima zarurati bor? — Bunda ovora bo‘lish degan narsa yo‘q. Iloji bo‘lsa sizni bu saroydan havlig‘a ko‘chiramiz. Hozirga bir kunni tayin qilib bizga mehmon bo‘ling-chi... Otam sizning bilan o‘lturishib Toshkand ahvolotini so‘zlash-makka mushtoqdirlar. — Bu saroydan sizlarnikiga ko‘chishim og‘ir, — dedi Otabek, — ammo otangizning ziyoratlariga borishg‘a har qachon hozirman. — Sog‘ bo‘ling, bek aka, boradirg‘an kuningizni ta-yin qila olasizmi? — Ma’lumingiz, kechalari bo‘sh bo‘laman, shuning bilan birga otangiz qaysi vaqtni ixtiyor qilsalar ijobat etishdan o‘zga choram bo‘lmas. — Salomat bo‘lingiz, — dedi Rahmat, — shuni ham sizdan so‘rayin: o‘lturishka begona kishilar ham aytilsa mumkinmi, ozor chekmasmisiz? Chaqirilg‘anda ham o‘zimizga yaqin va ahl kishilar bo‘lur, masalan, Mirzakarim qutidor kabi. Bu vaqt Otabekning tusiga ham haligidek o‘zgarish chiqdi ersada, lekin sezdirmaslikka tirishib javob berdi: — Manim uchun farqsiz. Oshdan so‘ng mehmonlar bilan xayrlashib chiqdilar. O'tkan kunlar — 02. Xon qizig'a loyiq bir yigit Otabek o‘zi bilan ko‘rishgan mundaki ikki yot kishini tanimaganliqdan bir-ikki qayta ularni ko‘z ostidan kechirdi. Buni payqag‘an Ziyo shohichi Otabekka tanitdi: — Amakilaringizni siz tanimag‘andirsiz albatta, — dedi. — Bu kishi otangizning yaqin do‘stlaridan Mirzakarim qutidor. Bu zot Andijon savdog‘arlaridan Akram hoji. Mirzakarim ismlik qirq besh-elli yoshlar chamasida qora qosh, qora ko‘z, ko‘rkam yuz, yaxshig‘ina kiyingan bir kishi bo‘lib, Akram hoji elli besh yoshlar orasidag‘i bir keksa edi. Otabek qaytadan Mirzakarim qutidorni ko‘zdan kechirdi. — Ota qadrdonlari bilan tanishdirg‘aningiz uchun rahmat, amak, — dedi va Akram hoji bilan Mirzakarim akaga tavozu’landi. — Otam sizlardek yaqin do‘stlariga salom aytishni menga amonat topshirg‘an edilar. — Rahmat, sog‘ bo‘lsinlar. Majlis Ziyo shohichining uyida Otabekning meh mondorchilig‘i uchun yig‘ilg‘an, yuqorida ismlari o‘tkan zotlardan boshqa Homid, Rahmat ham Hasanali bor edilar. Tanishdirishdan so‘ng Otabek bilan qutidorning ko‘zlari bir-birlariga tez-tez uchrasha boshladilar. Qutidor nimanidir Otabekdan so‘ramoqqa og‘zini jo‘plab tursa ham Akram hoji bilan Ziyo shohichining allanarsa to‘g‘risidag‘i gaplari keti uzilmay davom etar edi. Ularning ko‘zi uchunchi to‘qnashishida qutidor kulimsirab qo‘yib so‘radi: — Meni eslay olasizmi, bek? Otabek diqqat va e’tibor bilan qutidorni kuzatib javob berdi: — Yo‘q, amak. — Necha yoshg‘a bordingiz? — Yigirma to‘rt yoshg‘a... Qutidor o‘zicha nima to‘g‘risidadir hisob yuritdi-da: — Voqi’an siz meni eslay olmassiz, — dedi. — Men Toshkandda qutidorlik qilg‘an vaqtimda siz taxminan besh-olti yoshliq bola edingiz... Go‘yoki, men Toshkandda kechagina turg‘andek va kechagina sizning havlingizda mehmon bo‘lg‘andekman... Ammo, haqiqatda, oradan o‘n besh-yigirma yil o‘tib, siz ham katta yigit bo‘lgansiz, umr — otilg‘an o‘q emish. — Siz bizning havlida bo‘lganmisiz? — Ko‘b martalab mehmon bo‘ldim, — dedi qutidor,— ul vaqtda bobongiz ham hayotda edilar. Bu ikkisining so‘zlariga quloq solib chetda o‘lturgan Hasanali ham gapga aralashdi: — Amakingiz bizning havlig‘a kelib turadigan vaqtlarida siz yosh bola edingiz, bek, — dedi. — Amakingiz sizni saroylarga ham olib tushar edilar. Otabek uyaluv aralash kulimsirab qutidorg‘a qaradi: — Taassufki, eslay olmayman, — dedi. Qutidor tag‘in nimadir aytmoqchi bo‘lg‘an edi, Akram hoji unga yo‘l bermadi. — Hoji akamiz bu kunda qanday ish bilan mash-g‘ullar? Otabek: — Toshkand begi yonida mushovir sifati bilan turadilar. — Azizbek bu kunda ham Toshkandga hokimdir? — Shundog‘. — Sotqi bek ketsin, Aziz bachcha deng, — dedi Homid va Akram hojiga qarab kuldi. — Yaqindag‘ina Musulmon cho‘loqning bazimi shu Aziz bachcha bilan qizir edi, — dedi, ulug‘ bir narsa kashf etgandek mag‘rur, majliska qarab chiqdi. Homidning zaruratsiz ayb tekshirishi majliska yotroq tuyilgan bo‘lsa kerak bir-birlariga qarashib oldilar. Bu o‘rinsiz tekshirish majlisni bir oz sukutga yubordi-da, so‘ngra Akram hoji savolida davom etti: — Hokimingiz juda zolim emish, bu to‘g‘ri so‘zmi? — To‘g‘ri so‘z, — dedi bek. — Azizbek zulmidan aholi juda to‘yg‘an. Otabekning bu javobidan yolg‘iz Akram hojigina emas balki, majlisning boshqa a’zolari ham ajablandilar. Otasining valine’mati bo‘lg‘an bir bekning zulmini iqror etish haqiqatan ham taajjubka loyiq edi. Azizbekning Turkiston xonlig‘ining eng zolim va mustabid sanalg‘an beklarining biri va uning o‘z qa-ramog‘ida bo‘lg‘an Toshkand aholisiga qilg‘an zulmlari Farg‘onaga doston, ammo Akram hojining bu savoli Azizbekning eng yaqini bo‘lg‘an bir kishining o‘g‘lini sinab ko‘rishlik uchun edi. Bu sinash natijasi Akram hojining taajjubini orttirdi va buning sirrini bilishka qi-ziqsindi: — Otangiz Azizbekning mushoviri ekan, — dedi Akram hoji, — nima uchun uni bir oz bo‘lsa ham yo‘lg‘a solmaydir? — Kechiringiz, amak, — deb Otabek kulimsiradi,— siz otamning mushovirlig‘ini boshqacharoq ongla-g‘ang‘a o‘xshadingiz... Bizning beklarga hukm vaqtida ham mushovir bo‘lmoq imkonsiz narsadir. Otam Azizbekning mushoviri va yaqin musohibi sanalsa ham va lekin bu juz’iy ishlardaginadir, buning uchun sizga bir misol keltiray, bu ish shu yaqin oralardag‘ina bo‘ldi: Toshkanddagi jum’alik gap majlislaridan birida bir kishi Azizbekni maxtar va bu maxtovg‘a qarshi ikkinchisi «nega munchalik maxtaysan, Azizbekning asli bir bachcha-da» der. Ularning bu muzokaralarini chetda eshitib turgan xufiyalardan biri bu so‘zni Azizbekning qulog‘iga yetkazur. Ertasiga Azizbek mazkur ikki kishini o‘z huzuriga oldirib maxtovchig‘a ulug‘ mansab ato qilar va ikkinchisini o‘limga buyurar... Bu hukm majlisida hozir turgan otam mahkumning gunohini so‘raganida Azizbek jallodga baqirar: «Tezroq olib chiq!» Otam tag‘in qulliq qilg‘anida jallodg‘a buyurar: «Qo‘ling-dag‘ini bo‘shatib, o‘rniga hojini olib chiq!» — Mana ko‘rdingizmi, otamning qadru qiymatini. — Bo‘lmasa aholi xong‘a shikoyatnoma yozmaydirmi? — Nechanchi shikoyatnomani so‘raysiz, — dedi Otabek, — Azizbekdan zulm, jafo ko‘rganlar bilan birgalikda endi o‘ninchi shikoyatnomamizni yuborg‘andir-miz... Lekin xonning yo‘lboshchisi bo‘lg‘an kishining o‘zi zulmda Azizbekdan bir necha zina baland o‘rinni ishg‘ol etkuchi kimsa bo‘lsa, biz qandog‘ qilayliq. Ammo shunisi ham borki, shu keyingi vaqtlarda Azizbek Qo‘qonning yorlig‘ va farmonlarini iltifotsiz qoldira boshladi. «Itoatdan bosh tortmasin...» degan mulohazada yozg‘an shikoyatlarimizdan markazning ko‘z yumishi ham ehtimoldir. Har holda Toshkand aholisi Azizbek istibdodidan ortiq to‘yindi, kimdan ko‘mak so‘rashg‘a ham bilmaydir. Yusufbek hojining qanday odam ekani ayniqsa Akram hojiga onglashilib, bu to‘g‘rida ortiq bahs qilinmadi va so‘z boshqa xususlarga o‘tdi. Ziyofat samimiyat bilan chaqirilg‘anliqdan dasturxon qadrlik mehmonga maxsus turlangan edi. Ziyo shohichi bilan o‘g‘li Rahmatning har zamon mehmonlarni dasturxonga qistashlari boshqalarning ishtahalarini ochishg‘a sabab bo‘lsa ham, ammo bizning Otabekka sira ham asar qilmas, xayollanib o‘ltirar edi. Ul nima to‘g‘rida xayol surib, qaysi to‘g‘rida o‘ylar edi — buni bi-lish qiyin bo‘lsa ham, biroq uning hozirgi ba’zi harakatlari diqqatni jalb etarlik edilar: xayol surar ekan, uning ko‘zlari ixtiyorsiz kabi qarshisidagi qutidorg‘a qaraydirlar, qutidorning ko‘zi o‘ziga tushdi deguncha ko‘zini undan olib dasturxondagi ko‘ngli tilamagan narsalarga urina boshlaydir... Otabekning bu holini majlisdagilar sezmasalar-da, ammo Homid uni ta’qib etkandek edi. — Savdo bilan qanday shaharlarga bordingiz, bek?— deb qutidor so‘radi. — O‘zimizning shaharlardan ko‘pini ko‘rdim, — dedi bek, — o‘ris shahardan Shamayga ham bordim. — Ha, ha, siz Shamayga ham bordingizmi? — deb Ziyo shohichi ajablandi. — O‘tkan yil borg‘on edim, — dedi bek, — borishim noqulay bir vaqtga to‘g‘ri kelib ko‘b mashaqqatlar chekdim. — Chin savdogar siz emishsiz, — dedi qutidor, — biz shu yoshqa kelib hali o‘zimizning kattaroq shaharlari-mizni ham ko‘ralmadik; siz o‘risning Shamayigacha borg‘ansiz. — Yurgan daryo, o‘lturgan bo‘ryo emish, — dedi Akram hoji. O‘ris shaharlariga borib savdo qilg‘uchilar Turkistonda juda oz hisobda bo‘lib, chet ellarni ko‘rgan Otabek majliska tansiqlandi. O‘rislar to‘g‘risida allaqanday xayoliy rivoyatlar eshitib yurgan qutidor va Ziyo shohichilar-ning Otabekdan haqiqiy holni bilgilari kelib, undan Shamayda ko‘rib, kechirganlarini so‘radilar. Otabek Shamay xotirotini so‘zlab berdi. O‘rislarning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotlarini eshitkuchilarni tongg‘a qoldirib, ortiq tafsiloti bilan aytib chiqg‘ach: — Shamayga bormasimdan ilgari o‘z hukmdorlig‘i-mizni ko‘rib; boshqalar ham shundaydir, deb o‘ylar edim, — dedi bek, — lekin Shamay manim fikrimni ost-ust qilib, o‘zimni ham butunlay boshqa kishi yasadi. Men o‘risning i ora ishlarini ko‘rib, o‘z idoramizning xuddi bir o‘yinchoq bo‘lg‘anlig‘ini iqror etishka majbur bo‘ldim... Bizning idoramiz bu kungi tartibsizligi bilan ketabersa holimizning nima bo‘lishig‘a aqlim yetmay qoldi. Shamayda ekanman, qanotim bo‘lsa, vatanga uchsam, to‘ppa-to‘g‘ri xon o‘rdasiga tushsam-da, o‘risning hukumat qonunlarini birma-bir arz qilsam, xon ham arzimni tinglasa-da, barcha elga yorlig‘ yozib o‘risning idora tartibini dasturilamal etishka buyursa, men ham bir oy ichida o‘z elimni o‘risniki bilan bir qatorda ko‘rsam... ammo o‘z elimga qaytib ko‘rdimki, Shamayda o‘ylag‘anlarim, oshiqqanlarim shirin bir xayol emish. Bu yerda so‘zimni eshitkuchi birov ham bo‘lmadi, bo‘lsalar ham: “Sening orzungni shu xonlar eshitadimi, shu beklar ijro qiladimi?” deb meni ma’yus qildilar. Ilgariroq men ularning gapiga bovar qilmay yursam, so‘ngg‘idan to‘g‘ri so‘zni aytkanlarini bildim. Darhaqiqat, mozoristonda «hayya alalfalah» xitobini kim eshitar edi. Majlis Otabekning Shamay taassurotini maroq bilan eshitkan, shu kungacha hech kimdan eshitilmagan uning fikrlariga ajablangan edi. Istiqbol qayg‘usi tushiga ham kirmagan bu Turkiston otalari Otabekning daruni dildan chiqarib aytkan gaplaridan hissasiz qolmadilar: — Amiri Umarxondek odil poshsho bo‘lsa, — dedi qutidor, — biz ham o‘risdan oshib ketar edik. Ziyo shohichi: — Bizning bu holga tushishimiz o‘z fe’li xo‘yimiz-dan. Akram hoji: — To‘g‘ri. Homid ham boshqalardan qolishmas uchun: «Xudo kofirning dunyosini bergan» deb qo‘ydi. — Manimcha, o‘risning bizdan yuqoridalig‘i uning ittifoqidan bo‘lsa kerak, — dedi Otabek, — ammo biz-ning kundan-kunga orqag‘a ketishimizga o‘z ora nizo’imiz sabab bo‘lmoqda, deb o‘ylayman, boshqa xil aytkanda Ziyo amakining fikrlari qisman to‘g‘ri. Oramizda bu qo‘rqunch holatka bahaqqi tushunadirg‘an yaxshi odamlar yo‘q, bil’aks buzg‘uchi va nizo’chi unsurlar tomir yoyib, har zamon sodda xalqni halokat chuqurig‘a qarab tortadilar. Bu kungi qora chopon va qipchoq nizo’larini sizga bir timsol o‘rnida ko‘rsatayin: o‘ylab ko‘rilsin, bu nizo’lardan bizga qanchalik foyda va qipchoq og‘aynilarg‘a nima manfaat hosil bo‘lmoq-da?— Faqat bundan foydalang‘uchilar ikki xalq orasig‘a adovat urug‘ini sochib yurg‘uchi bir necha e’vogar boshluqlarg‘inadir. Masalan, Musulmonqulni kim xolis odam, deb o‘ylaydir? — Uning yurt uchun qon to‘kishdan boshqa nimaga foydasi tegdi? Musulmonqul o‘z g‘arazi yo‘lida orada yo‘q nizolarni qo‘zg‘ab, kuyavi Sheralixonni o‘ldirdi, gunohsiz Murodxonni shahid etdi, qo‘y kabi yovvosh Toshkand hokimi Salimsoqbekni o‘ldirib, o‘rniga Azizbekdek zolimni belguladi va o‘zini mingboshi deb e’lon qilib, aqlsiz bir go‘dakni (Xudoyorni) xon ko‘tarib el yelkasiga mindi. Tuzuk, agar Musulmonqul bu ishlarni bir yaxshi maqsadni kuzatib qilg‘anda, zolimlarni o‘rtadan ko‘tarib, yurtka osoyish berganda, unga kim nima deya olur edi? Holbuki, Toshkand tarixida misli ko‘rilmagan Azizbek kabi vah-shiyni faqat shu Musulmonqul qo‘lidan oldi. Basharti, Musulmonqul chin inson bo‘lsa, insondan vahshiy tug‘ilganini hech kim eshitkan chiqmas. Modomiki, o‘z g‘arazi yo‘lida istibdod orqali el ustiga hukmron bo‘lg‘unchilar yo‘qotilmas ekanlar, bizga najot yo‘qdir, magar shunday g‘arazchilarni ular kim bo‘lsalar ham ish boshidan quvlash va ular o‘rniga yaxshi xolis odamlarni o‘tquzish najotimizning yagona yo‘lidir. Otabek majliska tamoman yangi va eshitilmagan fikrlarni so‘zlab ketdi, ular bekning og‘zig‘a anqayishib qolgan edilar. Darhaqiqat, o‘z ora bitmas nizo’larning asli mansha’ini ul yaxshi onglab tahlil qilar va durust qiymat berar edi. Uning shu yo‘sun mulohaza va fikrlari majliska chuvalg‘an ipning uchini topib bergandek bo‘lib, lafzan bo‘lmasa ham ma’nan ularning tahsin va olqishlarini oldi. Otabek xufton namozi uchun tahorat olishg‘a mehmonxonadan chiqg‘an edi, uning keticha: — Otaning bolasi-da, — deb Ziyo shohichi mehmon-larga qarab qo‘ydi. — Umri uzoq bo‘lsin, — dedi Akram hoji, — yigitlarimiz ichida eng aqllig‘i ekan... Agarda xon ko‘tarish manim qo‘limda bo‘lsa edi, xon qilib Otabekni ko‘tarar edim... O‘zi o‘qug‘anmi? Bu maxtovlar bilan terisiga sig‘may ketkan Hasanali javob berdi: — Toshkand Beklarbegi madrasasining peshqadam mullabachchalaridan edi, lekin uch yilcha bo‘ldi, xo‘jamiz madrasadan olib savdo ishiga qo‘ydilar. — Xudo har narsadan ham bergan yigit ekan, — dedi qutidor. Ahli majlis Otabekni ko‘klarga ko‘tarib maxtar edi, lekin Homid bu maxtashlarg‘a ishtirok etmas va nimadandir g‘ijing‘andek ko‘rinar edi. Shu orada qutidorning «uylanganmi?» deb Hasanalidan so‘rashi Ho-midga yana boshqacha holat berdi. Hasanalining so‘ra-g‘uchig‘a bekning qiz yoqdirmaslig‘ini sabab ko‘rsatib, shu kungacha uylanmay kelganligini tafsili bilan hikoya qilib berishidan so‘ng ul toqatsizlang‘andek bo‘ldi: — Balki begingizning tama’lari xon qizidadir, — dedi istehzo bilan Homid, — bundog‘ yigitlar uylanganlarida ham kishi qizini umr bo‘yi azob ichida o‘tkazadirlar... Sababiga tushunish qiyin bo‘lg‘an bu istehzoga qar-shi Hasanali sukut qilmadi: — Men uning xon qizini olish maqsadi borlig‘ini bilmayman, — dedi kulimsirab, — biroq ul xon qizini olsa arzimaydirgan yigit emas... hatto zarxarid quli bo‘lg‘anim holda menga ham qattig‘ so‘z aytishdan saq-lang‘an bir yigit o‘z nikohida bo‘lg‘an ozod bir qizg‘a albatta zahmat bermas, deb o‘ylayman. Ba’zi xotin uradirgan va xotin ustiga xotin olib, xotinlarig‘a zulm qiladirg‘an hayvonsifat kishilardan bo‘lib ketishi menimcha ehtimoldan juda uzoqdir, inim mulla Homid... Hasanali o‘tkan faslda Homidning o‘z og‘zidan xotinlarig‘a qarshi qamchi ishlatkanini eshitkan edi. Shunga binoan uning bu oxirg‘i jumlasi Homidni yerga qaratib, lom deyishka majol bermay qo‘ydi. Ziyo shohichi qaynisi Homidga «Tuzlatildingmi»? degandek qilib qaradi va Hasanalidan afu so‘radi: — Kechirasiz, ota, — bizning Homidboy shunaqa qo‘lansa gaplar uchun yaratilg‘an odam. Qutidor ham Hasanalining ko‘nglini ko‘tarib tushdi: — Gapingiz to‘g‘ri, ota, — dedi, — Otabek xon qizig‘a loyiq bir yigit ekan. Bahslashish uchun Homidga yo‘l qolmag‘an edi. Bir turlik iljayib yer tegidan Hasanaliga ko‘z tashladi. Oshdan keyin boshlab Homid, so‘ngra boshqa meh-monlar tarqalishdilar. Otabek bilan qutidorning yo‘llari bir bo‘lg‘anliqdan birgalashib ketdilar. Qutidor havlisiga qayrilar ekan, bek bilan xayrlashdi: — Albatta, birisi kun biznikiga marhamat qilasiz, tuzikmi? — Xo‘b, amak. — Bizniki mana shu burchakdagi eshik... Qaytag‘a bu kun biznikida qolsangiz bo‘lmasmi-a? — Rahmat... Xayr, salomat bo‘lingiz. Ular to‘xtab so‘zlashqan o‘rinlaridan xayrlashib uzoq-lashg‘ach, shundagi bir burchakdan choponig‘a burkangan bir kishi chiqib, haligilar kelgan tomong‘a qarab yurdi... O'tkan kunlar — 03. Bek oshiq Saroy tinch uyquda, tun yarim. Hasanali hujraning uzun burama qulufini ochibichkariga sham’ yoqdi va bekning to‘shagini yozib uning kirib yotishini kutib turdi. Ammo Otabek nima uchundir tez kira bermadi. Hujra eshigini ochilg‘anidan, sham’ yoqilib, o‘rin yozil-g‘anidan go‘yo xabarsiz kabi ustung‘a suyalg‘ancha qotib turar edi. — O‘rningizni yozdim, bek. Otabek bu so‘z bilan hujraga kirdi va borib to‘shagi yonig‘a o‘lturdi. Hasanali bekning yeshinib yotishini kutib turar, chunki uni yotquzib yoqilg‘an sham’ni o‘zi bilan narigi hujraga olib chiqmoqchi edi. Biroq Otabek to‘shagi yonig‘a o‘lturdida, yana o‘ylab qoldi... Otabek bir necha kunlardan beri Hasanalining ko‘ziga boshqacha ko‘rinar edi. Hasanali Otabekda shu kungacha ko‘rilmagan qiziq bir holatka besh-olti kundan beri ajabsinib yurar edi. Hasanalini ajabsindirgan holat ham bekning shuning singari xayol ichida barchani unutib qo‘yishi va boshqa ishlarga e’tibor va parvosizligi edi. Hasanali bekning hozirg‘i ipidan-ninasigacha bo‘l-g‘an qiziq holini uzoq kuzatib turdi. Lekin Otabek xayol surishdan zerikmasa ham Hasanali kuzatishidan zerikdi. — Menda yumushingiz yo‘qmi? Otabek bu gapni onglamadi shekillik, Hasanalining yuziga ko‘tarilib qaradi-da, yana ko‘zini bir nuqtag‘a tikib qoldi. Bu holatdan Hasanalining andishasi ortib, bekning bunchalik angravlanishig‘a qanday ma’no berishini ham bilmas edi. Otabek shu holda tag‘in qanchag‘achadir o‘lturdi, nihoyat uyqudan uyg‘ong‘an kishidek so‘chib o‘zini kuzatkuchiga qaradi: — Chiqib yotmaysizmi? — Menda yumushingiz yo‘qmi? — Nima yumushim bo‘lsin, sham’ni ham olib keting. Hasanali sham’ni olib, o‘z hujrasiga chiqdi. Uning hujrasi Otabekning bilan bir qatorda bo‘lib, gazmol, poyafzal va shuning singari mollar ila to‘lg‘an va Otabekdan boshqa, alohida hujrada turishi ham shu mollarni saqlab yotish uchun edi. Hasanali o‘rnini yozar ekan «tavba» deb qo‘ydi. Yuqorida so‘zlang‘anidek, Otabekdagi bu holatni biror haftalardan beri payqasa ham hozirgidek andishaga tushmagan va bunchalik diqqat etmagan edi. Xo‘ja-zodasidagi bu holat uni har turlik mulohazalarga olib keta boshladi. To‘shagi ustiga o‘lturib, oq soqolini o‘ng qo‘li bilan tutamlab o‘ylar edi: savdo to‘g‘risida biror xato qildimi, Ziyo shohichinikida taomdan tuzukroq to-tinmadi, biror og‘rig‘i bormikan... Musofirchiliqda og‘risa... Ammo bu mulohazalarining bittasiga ham o‘zi qanoatlanmadi. Zero savdo to‘g‘rilari undan yashirin emas, og‘rig‘anda ham albatta shikoyat eshitar edi. O‘ylab-o‘ylab bir narsaga ham aqli yetalmagach, o‘rnidan turib toqchada yonib turgan sham’ni o‘chirdi. Hujra orqa-o‘ngni ajratib bo‘lmasliq qorong‘ilandi. Qo-rong‘ida turtinib hujra eshigiga keldi-da, avaylab g‘ijirlatmay eshikni ochdi va sekingina tashqarig‘a bosh chi-qarib saroyni kuzatdi. Kishi yo‘qliqqa qanoat hosil etib, mahsichan oyog‘ini ohista qo‘yib Otabek hujrasining yonida to‘xtadi, saroyni yana qarab chiqdi. Saroy qopqorong‘ i, tinch uyquda, ammo bu tinchlikni saroy ot-xonasidagi otlarning kart-kurt xashak chaynashlari va atrofdagi xo‘rozlarning qichqirishlarig‘ina buzar edilar. Hasanali sekingina daricha ostig‘a yotib hujra ichiga quloq soldi. Hujra ichi tinch edi. Oradan uchto‘ rt daqiqa fursat o‘tib hujradan ship etkan tovush eshitmadi. Tag‘in bir necha daqiqa quloq uzmay turib, so‘ngra o‘rnidan qo‘zg‘almoqchi bo‘lg‘an edi, ichkaridan «ufff» degan ixrash eshitdi. Hasanalining quloqlari tikkayib o‘rnidan turdi, ko‘zi olalang‘an edi. — Bek og‘riq, — dedi ko‘ngildan va jazmlanib hujra eshigiga yurib keldi. Eshikni ochib Otabek yonig‘a kirmoqchi edi. Eshikni itarishka borg‘an qo‘lini qoldirib «balki og‘riq emasdir» deb to‘xtaldi. Yana kiraymi, yo‘qmi, deb ikkilanib turg‘andan keyin yurib, o‘zining hujrasiga keldi. Ammo Otabek to‘g‘risidagi tashvishi boyag‘idan o‘n qayta ortqan edi. Yeshinib uxlarg‘a yotqan bo‘lsa ham bekning xususi uni ko‘z yumg‘ali qo‘ymadi. Bek to‘g‘risida har turlik xayollarga bormoqda edi. Yusufbek hojining «O‘g‘lim yosh, sen dunyoning issiq-sovug‘ini tatig‘an va manim ishongan kishimsan. O‘g‘limning har bir holidan xabar olib turish sening vazi-fangdir», deb ta’kidlashi, Otabekning onasi — O‘zbek oyimning yoshliq ko‘z bilan: «Seni xudoga, Otamni senga topshirdim!» — deb yolborishlari, zorillashlari uning quloqlari ostida takrorlang‘andek bo‘lar edilar. Uxlab ketalmadi. Ko‘ynakchan egniga choponini yopinib o‘rnidan turdi, hujradan chiqib Otabek darichasi ostig‘a yana kelib o‘lturdi. Tun ayoz, izg‘iriq yel to‘rt tarafka yugurib jon achitmakchi bo‘lar edi. Hasanali yarim yalang‘och holda junjayib daricha ostida, izg‘iriq quchog‘ida o‘lturar erdi. Ul yegan sovug‘ig‘a iltifot etmas, vujudini izg‘iriqqa topshirib, fikrini hujra ichiga yuborg‘an edi. Hujra ichiga bir muncha quloq solib o‘lturgandan keyin, uzun tin olib boshini tirqishdan uzdi, Otabekning pishillab uxlag‘an tovshini eshitib bir darajada tinchlandi. Vasvasadan ariyozg‘an bo‘lsa ham o‘rnidan qo‘zg‘almadi, nima uchundir tag‘in ham sovuqqa junjib o‘ltira berdi. Oradan yana bir necha daqiqa fursat o‘tib, Hasanali tamom tinchlandi, ham turib ketmakchi bo‘ldi va shu holatda ichkaridan uyqusirash eshitdi: — «Qora ko‘zlari, kamon qoshlari...» — A-a-a, — dedi Hasanali va qaytadan qulog‘ini tirqishg‘a olib bordi. Endi uning butun borlig‘i quloq bo‘lib aylangan, o‘zini unutib barcha diqqati hujra ichiga oqg‘an edi. O‘rtadan ko‘b fursat o‘tmadi, boyag‘i uyqusirash yana takrorlandi: — «Oy kabi yuzlar, kulib boqishlar, cho‘chib qochishlar... Uff». Hasanali uchun birinchida onglashilmay qolg‘an ma’nolar bu keyingi gap bilan yeshildi. Hasanali endigi o‘lturishni ortiqcha topib o‘rnidan turdi, hujrasiga kirar ekan, boshini chayqab o‘zicha so‘zlandi: — Bek oshiq! O‘rni ustiga choponini yopdi-da, ko‘rpasi ichiga kirib o‘lturdi va «chindan oshiqmi?» degan savolni ko‘nglidan kechirdi. Tanish bo‘lmag‘an bir shaharda kimning bo‘lsa ham qizig‘a uchrashsin, besh-olti kun ichida bu yanglig‘ uyquda ham... masalaga bu jihat bilan qarab bekning ishqig‘a ishongusi kelmas edi. Ammo ikkinchi tomondan qulog‘i ostida bekning o‘z og‘zidan eshitilgan— «kulib boqishlar, cho‘chib qochishlar...» jumlalari takrorlang‘andek bo‘lib xo‘jazodasidagi bir necha kunlik o‘zgarishka muhabbatdan boshqa hodisa, deb ma’no beralmas edi. Bu ikki turlik masalalarning o‘ng-tersini aylandirib muhokama qildi va o‘lchadi. Hasanalining o‘zi tarozuning ishonmasliq pallasida bo‘lsa ham — «kulib boqishlar, cho‘chib qochishlar» hamon quloqlari ostida takrorlanar edilar. Tun tong otarg‘a yaqinlashg‘an, uning uyquliq miyasi hech bir turlik bu muammoni yesha bilmas edi. Ko‘b o‘ylasa ham bir qarorg‘a kela olmadi. Ammo ertaga bekning o‘zini sinab ko‘rmakchi bo‘lib ko‘zi uyqug‘a ketdi. O'tkan kunlar — 04. Marg'ilon havosi yoqmadi Ertalabki choy hozirlang‘an. Otabek xomush o‘lturub, Hasanali ersa uning holini ta’qib etmakda edi. Oradag‘i so‘zsizlik bir piyoladan choy ichkuncha buzilmadi. Oxirida Hasanali Otabekning tusiga bir necha qayta ko‘tarilib qo‘ydi. — Bir necha kundan beri xomushroq ko‘rinasizmi? Otabek savol tashlag‘uchig‘a qarab oldi va tasdiq ishorasini berib: — Bilmadim, — dedi va bir oz to‘xtab izoh berdi. — Xomushligim sizga ham sezildimi, bilmadim... Mar-g‘ilon havosi mizojimga to‘g‘ri kelmaganga o‘xshaydir... — Aytkaningizdek, — dedi Hasanali. — Marg‘ilonning havosi buziq ekan, bir-ikki kundan beri manim ham ahvolim o‘zgarib boshladi. Marg‘ilondan tez jo‘namasaq men ham ishdan chiqadirg‘an o‘xshayman... Bu gapdan keyin Hasanalining ko‘zi bekka tikilgan edi, agar tundagi uyqusirash Hasanalining o‘ylag‘an ehtimoliga to‘g‘ri kelsa, o‘zining haligi so‘zi Otabekka bir o‘zgarish berishida shubha qilmas edi. Otabek boshi berk ko‘chada qolg‘ondek bo‘ldi, javobg‘a qiynaldi: — Ketamiz, — dedi bir oz o‘ylang‘andan keyin, — mol baholari to‘g‘risida bitisha olmay turamiz — olg‘uchilar arzon so‘raydirlar. Shuning uchun tag‘in bir necha kun qolishimizg‘a to‘g‘ri kelarmikin. Bilmadim... Hasanalining sinashi nihoyatiga yetkandek bo‘ldi, hatto yuqoridag‘i javobni eshitkan vaqtida nima uchundir o‘zini bir turlik kulgidan arang to‘xtatib qolg‘an edi. Yana o‘rtada xomushlik hukm surib, Hasanali ishni tuzikroq ochish va yo shu ko‘yi qoldirib ketaberish talashida edi. Hasanali bekning har bir siriga o‘zini mahkam deb hisoblag‘anliqdan, darhaqiqat, Otabekka mahram bo‘lishg‘a loyiq bir mehribonchiliqqa ega bo‘lg‘anliqdan xo‘jazodasi bilan ochiq so‘zlashish fikriga keldi. Bir necha daqiqa muqaddima uchun reja qurib o‘lturgandan so‘ng tilga keldi: — O‘g‘lim, Otabek. — So‘zlangiz. — Aytingiz-chi, men sizning kimingiz? Otabek, Hasanalining maqsadig‘a tushunolmay maj-hul unga nazar tashladi: — Sizmi? — deb kulimsiradi. — Otam bo‘lmasangiz ham meni otaliq muhabbati bilan suygan sodiq va mehribon bir kishimsiz — ya’ni ma’naviy otam. — Barakalla, o‘g‘lim, — dedi Hasanali, — javobingiz o‘z o‘ylag‘animchadir. Endi sizdan shuni ham so‘rayin: xo‘jasig‘a sodiq bir qul, sizning ta’biringizcha, ma’naviy bir padar o‘z o‘g‘lig‘a yomonlik sog‘inarmi, bu to‘g‘rida javob beringiz-chi? Otabek kutilmagan bu savoldan ajablandi: — So‘zingizga tushunolmadim, ota, — dedi, — shundog‘ bo‘lsa ham javob beraman: bu kungacha siz yolg‘iz meninggina emas, bizning oilamizga otaliq mavqi’ida turib, yaxshiliqdan boshqani sog‘inmay kelasiz. Hasanali tusini buzmadi: — Ilgariroq balki shundog‘ bo‘lg‘andir, ammo endi, ayniqsa siz... — Ayniqsa men... ochib so‘zlangiz. — Ayniqsa sizning menga saqlag‘an ishonchingiz tugalganga o‘xshab, o‘zimdan qandog‘ kamchilik o‘tkaniga hayratdaman. — Qiziq gaplar so‘zlaysiz, — dedi Otabek, taajjubi ortqan edi. — Menga qandog‘ yomonlik sog‘indingiz-ki, sizga ishonchim bitsin? Vasvasalanishning o‘rni yo‘q, mundan so‘ng ham sizning xayrixohona kengashlaringizga, ham vujudingizga muhtojman, amonatim, boshqam mundan keyin ham ona qornida saqlang‘andek sizda saqlanishig‘a ishonaman va bunga sizning ham amin bo‘lishingiz kerak, ota. — Lekin... til bilan ko‘ngil boshqa-boshqadir, o‘g‘-lim... Otabek bu ters va qo‘rs muqobaladan toqatsizlandi: — Yanglishasiz, ota. — Yanglishmayman, bil’aks bilib, qanoatlanib so‘z-layman. — Tilim bilan ko‘nglimning boshqalig‘ini isbot qilingiz. Hasanali ginalik qiyofada qoshlarini chimirdi va: — Mendan yashirib yurgan bir sirringiz bor, — dedi. — Sizdan yashirg‘on bir sirrim bor? — Bor o‘g‘lim, bor, — dedi Hasanali, — agar da’vongiz to‘g‘ri bo‘lsa, menga chindan o‘z kishim deb qarasangiz o‘sha sirni yashirmangiz. Otabek to‘satdan o‘zgarib, boyag‘i asabiylik holatini yo‘qotti, shundog‘ bo‘lsa ham o‘zini yig‘ib kulgan bo‘ldi: — Hali shunaqa sizdan yashirin sirrim bormi? — Bor. — Bo‘lmasa, marhamat qilib kashfingizni so‘zlangiz. Hasanali piyolani og‘ziga ko‘tarib, choyni ho‘pladi, kashfini ochti: — Marg‘ilong‘a kelgan kunlardan boshlab sizda qiziq bir holat bor, — dedi, — siz bu holatni «Marg‘ilon havosi yoqmadi» deb ta’bir qilsangiz ham men mundan boshqa narsalar payqayman... Otabek o‘ziga qattig‘ tikilib turg‘an Hasanalidan yuzini chetka burishka majbur bo‘ldi. Go‘yo bu sehrgar chol hamma sirrni betdan o‘qub olar edi. Hasanalini hamon o‘ziga tikilib turg‘anini bilib, manglayini qashig‘an bo‘ldi: — Xo‘sh, davom etingiz... — Bu sirringizni mendan yashirmoqchi bo‘lasiz, — dedi tamom qanoat bilan Hasanali, chunki, endi o‘z kashfiga juda ishong‘an edi. — Xayr, yashirmoqqa ham balki haqqingiz bordir... ammo shu ko‘yi sir saqlash bilan birar natijaga yetish mumkinmi? — ... Otabek qip-qizil qizarib gunohkorlardek yerga qara-g‘an edi. Hasanalining yuziga padorona tarahhum tusi kirib, keksalarga maxsus ohangdor bir tovush bilan bek-ning ustidagi og‘ir yukni ola boshladi: — Aybi yo‘q, o‘g‘lim, — dedi, — muhabbat juda oz yigitlarga muyassar bo‘ladig‘an yurak javharidir. Shuning bilan birga ko‘b vaqtlar kishiga zararlik ham bo‘lib chiqadir. Shuning uchun kuch sarf qilib bo‘lsa ham unitish, ko‘b o‘ylamaslik kerakdir. Bu keyingi gap bilan Otabek ko‘tarilib Hasanaliga qaradi va uzoq tin olib yana yerga boqdi. Go‘yo buning ila «unitish mumkin emas» degan qat’iy so‘zni aytkan edi. Orag‘a so‘zsizlik kirdi. Ikkisi ham fikrga tolg‘an edi. Hasanalining ortiqcha berilib o‘ylag‘an kezda soqolini qayirib tishlaydigan bir odati bo‘lib, hozir ham soqolini yamlash bilan mashg‘ul edi. Uzoq o‘ylag‘andan so‘ng ishning ochilmay qolg‘an qismini yeshishni boshqa vaqtg‘a qoldirmoqchi bo‘ldi. Chunki Otabek shuning o‘ziga ham yaxshigina qizarinib, bo‘rtingan edi. O'tkan kunlar — 05. Kiroyi kuyaving shundog' bo'lsa Poyafzal bozori va uning burchagidagi havli... O‘qug‘uvchi albatta bu havlining egasi bilan tanish chiqar. Ko‘rimsiz, chirk bosib qorayg‘an, juda ko‘b xizmat qilib keksaygan, ochib-yopqanda anvo’i — turlik dodi-faryod qiladirg‘an, bunda sanalg‘an sifatlarini bir yerga jamlab natija chiqarg‘anda «sharti ketib, parti qolg‘an» bir darbozaning ostonasidan uch-to‘rt qadam ichkariga kirilsa Buxoro zindonlaridan birini his etilur va qorong‘u yo‘lakning nihoyatidagi yorug‘liqqa tomon oshiqilur. Qoqilib-suqilib yo‘lak zindonidan qutiling‘ach bir ulug‘ ariq yoqasig‘a, o‘rdadek havliga chiqilur va rohat tin olinur. Havlining kun chiqarida kun botishig‘a qaratib soling‘an, uncha maxtarliq bo‘lmasa ham ammo zamonasining olding‘i binolaridan hisoblang‘an bir ayvon bilan bir uyga ko‘z tushadir. Sahn va binolar kishi zotidan bo‘sh, shuning uchun bu havli oilaning tashqarig‘i qismi — mehmonxona ekanligi onglashilur. Sahnning tun va kun botar jihatlari kichkina hujralar bilan o‘ralg‘an va bu hujralarning barcha eshiklari yopiq va qulflang‘an holda bo‘lib mollar bilan bandligi va uy egasining davlatlik kishi bo‘lg‘anlig‘i bilinur. Havlining janub tarafi do‘konlar orqasi, ammo katta tup gilos yog‘ochlari qoplab yotadirlar. Endi biz tashqari havlini qo‘yib mehmonxonaning yonidan ichkariga kiramiz. Ichkari havlining yo‘lagi ham nargisidek usti va bag‘ri yopiq — qorong‘u, yo‘lakning nihoyatiga borib o‘ngga yurilsa axtaxonaga, chapka yurilsa birinchi martaba kirganimizdek ulug‘ bir havliga chiqarmiz. Havlining to‘rt tarafi turlik ehtiyoj binolari bilan va to‘rdagi binoning ikki biqini katta uylar bilan o‘ralg‘an bo‘lib, shu ikki uyning orasig‘a o‘lturgan koshinkor va naqshin chorxari ayvon bu havlining birin-chi martaba ko‘zga chalinadirg‘an ortiqliqlaridandir. Shu chorxari ayvonning o‘rta bir yerida, ustiga atlas ko‘rpalar yopilg‘an tanchaning to‘rida devorga suyanib, avrasiga qora movut sirilgan sovsar po‘stin kiyib bir kishi o‘ltu-radir. Bu kishi bilan ikkinchi martaba tanishib o‘lturmaymiz, chunki, bu odam o‘qug‘uchi bilan tanishqan — Mirzakarim qutidor. Tanchaning ikki biqinida ikki xotin: bulardan bittasi ichidan atlas ko‘ynak, ustidan odmi xon atlas guppi kiygan, boshig‘a oq dakanani xom tashlag‘an, o‘ttuz besh yoshlar chamaliq go‘zal, xush bichim bir xotin. Yuzidan muloyimlik, eriga itoat, to‘g‘riliq ma’nolari tomib turg‘an bu xotin qutidorning rafiqasi — Oftob oyim, ikkinchisi yetmishlardan o‘tkan bir kampir. Oftob oyimning onasi — Oysha bibi. O‘choq boshida qo‘polg‘ina, qirq besh yoshlar chamaliq yana bir xotin choy qaynatib yuradir. Bu xotin ersa oilaning cho‘risi — To‘ybeka. Biz bular bilan tanishishni shu yerda qoldirib ayvonning chap tarafidagi daricha orqalik uyga kiramiz, ham uyning to‘riga soling‘an atlas ko‘rpa, par yostiq quchog‘ida sovuqdan erinibmi va yo boshqa bir sabab bilanmi uyg‘oq yotqan bir qizni ko‘ramiz. Uning qora zulfi par yostiqning turlik tomonig‘a tartibsiz suratda to‘zg‘ib, quyuq jinggila kiprak ostidag‘i timqora ko‘zlari bir nuqtag‘a tikilgan-da, nimadir bir narsani ko‘rgan kabi... qop-qora kamon, o‘tib ketkan nafis, qiyig‘ qoshlari chimirilganda, nimadir bir narsadan cho‘chigan kabi... to‘lg‘an oydek g‘uborsiz oq yuzi bir oz qizilliqg‘a aylangan-da, kimdandir uyalg‘an kabi... Shu vaqt ko‘rpani qayirib ushlagan oq nozik qo‘llari bilan latif burnining o‘ng tomonida, tabi’atning nihoyatda usta qo‘li bilan qo‘ndirilg‘an qora xolini qashidi va boshini yostiqdan olib o‘lturdi. Sariq rupoh atlas ko‘ynakning ustidan uning o‘rtacha ko‘kragi bir oz ko‘tarilib turmoq-da edi. Turib o‘lturgach boshini bir silkitdi-da, ijirg‘anib qo‘ydi. Silkinish orqasida uning yuzini to‘zg‘ig‘an soch tolalari o‘rab olib jonso‘z bir suratka kirgizdi. Bu qiz suratida ko‘ringan malak qutidorning qizi — Kumushbibi edi. Kumushbibi bir necha kundan beri sovuq havo tegdirib, bosh og‘rig‘i va ko‘z tinishka o‘xshash og‘rig‘lardan shikoyat qilib yurar, shuning uchun onasi «tinch uxlasin, ortiq urinmasin» deb bu kun namozga ham uyg‘otdirmag‘an edi. Kumush, kiyinib uydan chiqdi, To‘ybeka tomonidan hozirlanib berilgan issig‘ suv bilan yuzini yuvdi. Uyiga kirib artinib, tuzatingach ayvonga chiqdi. Ayvondagilarga salom berib otasining yonig‘a kelib o‘lturdi. Qutidor qizini kuzatdi: — Tuzikmisan, qizim? — Yo‘q, otajon, boshim hamon og‘rib turadir. Qutidor qizining peshonasini ushladi: — Ey-ha, Kumush, hali issig‘ing bor, — dedi. — O‘zingni teja qizim, o‘rningni qalin qilib burkanib yot, terlasang yorisharsan, qizim. To‘ybeka, Kumushning choyini oqlab ber-chi. Oftob oyim erining so‘zini kuchlab tushdi: — Issig‘i bor, yuzi ham qizarib bo‘rtib turibdir. O‘zining ruhsiz tovushi bilan Oysha buvi ham gapka aralashdi. — Nax kechasi bilmapsiz, nax meni qo‘rqitib enka-tenkamni chiqardi. Isitmasi aralash allanuchka so‘zlarni aytib chiqdi... Kumushbibi yalt etib buvisiga qarab qo‘ydi. — O‘sha harorati g‘arizaniki hammasi, — dedi qutidor. — Men bu kun birar hakimdan so‘rab qaraychi... Ol qizim, shu piyoladagi choyingni ich-chi, — dedi va tag‘in bir qayta qizini kuzatdi. Choyni ichib bo‘lg‘andan keyin qutidor fotiha o‘qub o‘rnidan turdi: — Men senga aytib qo‘yay, Kumush, — dedi turar ekan qutidor Oftob oyimg‘a, — bu kunga bir mehmon aytkan edim. Cho‘ringni chiqarib mehmonxonani tozalat. Anovi yangi qoplag‘an ko‘rpalaringni ber, tanchaga o‘shani yopsin. Katta gilamni ham chiqar, uyingda mevalaring bor edimi? — Bor. — Bor bo‘lsa yaxshi. Bir ozdan so‘ng et olib kirguzarman, varaqi pishirib qo‘yingiz. Oftob oyim varaqi pishirishdan u kungi mehmon-ning uncha-muncha kishi bo‘lmag‘anlig‘ini bildi. — Qanaqa mehmon edi? — Sen tanimassan, toshkandlik bir yigit, tag‘i shu yerda-gi uch-to‘rtta og‘aynilar. Tuzikmi, aytkanlarimni uqdingmi? — Uqdim-uqdim. Kumushbibi otasining so‘ziga iltifot qilmadi. Qutidor do‘koniga jo‘nag‘andan keyin Oftob oyim To‘ybekani mehmonxonag‘a buyurdi va o‘zi xamir qilishg‘a o‘lturdi. Kumushbibi xomush edi. Bir narsa to‘g‘risida o‘ylarmidi yoki bosh og‘rig‘isi kuchlikmidi, har holda namozshom gul kabi yopiq edi. Qarshisida o‘lturg‘an buvisining o‘tkanketkandan qilg‘an hikoyalariga erinibgina quloq berar va ko‘nglini ochish uchun aytilgan qiziq so‘zlarga iljayish bilan javoblanar edi. Kumushbibi o‘zining bir soatcha vaqtini shu ko‘yi kechirdi, so‘ngra o‘rnidan turib kichkina latif oyoqla-rig‘a otasining yaqindag‘ina olib bergan qala kavshini kiydi va oshxona yumishi bilan qorishib yotqan onasi-ning oldig‘a bordi. Kumushbibi endi o‘n yettini qo‘yib o‘n sakkizga qadam bosqanliqdan bo‘yi ham onasig‘a yetayozg‘an, ammo jussasi onasig‘a ko‘ra to‘laroq edi. Onasining yumishig‘a bir oz qarab turg‘anidan keyin tashqarig‘a tomon ketdi. Ayvonning bir chetidan mehmonxonada gilam to‘shab uringan To‘ybekaga qarang‘an bo‘ldi-da, ayvonning o‘rta ustuniga kelib suyandi. Endi boyag‘ig‘a qarag‘anda bir oz yengillangansumon, jon olg‘uchi qora ko‘zlari harakatlana boshlag‘an, bo‘g‘riqqan qizil yuzlari ochilinqirag‘an edilar. Ayvon ustuniga suyang‘ach, qora qiyig‘ qoshlarini chimirib ko‘cha yo‘lak tomong‘a qaradi, bir oz qarab turdi-da, ayvondan yerga tushib yo‘lak tomong‘a, ariq bo‘yig‘a ketdi. Suv bir do‘konning ostidan chiqib, bu havlida uch-to‘rt quloch chamasi ochiq havoda oqar va ko‘prik-tom ostig‘a ketar edi. Kumushbibi ariq bo‘yidan bir o‘rinni ko‘zladi-da, sakrab narigi yuziga o‘tdi va cho‘nqaydi. Uning ko‘zlari mulo-yimg‘ina suv ustiga og‘dilar. Ariqning musaffo tiniq suvi yovoshg‘ina oqib kelar, Kumushbibining qarshisig‘a yetkanda go‘yoki, uning ta’zimi uchun sekingina bir charx urib qo‘yar, o‘z ustida o‘lturgan sohiraning sihriga musaxxar bo‘lg‘an kabi tag‘i bir kattaroq doirada aylangach, ohistag‘ina ko‘prik ostig‘a oqib ketar edi. Ariq suvining nihoyatsiz bu harakatini uzoq ko‘zdan kechirib o‘lturg‘ach, qo‘l uzatib suvdan oldi va yuzini yuvdi. Uning yuzini o‘pib tushkan suv tomchilari bilan ariq harakatka kelib chayqaldi, go‘yoki suv ichida bir fitna yuz bergan edi... Ikkinchi, uchinchi qaytalab yuz yuvishda bu fitna tag‘i ham kuchaydi... Nozik oyoqlar toldilar shekillik, sadaf kabi oq tishlarini bir-ikki qaytalab chaydi, ariq bo‘yini va uning suvlarini tashlab ketdi. Boyag‘ig‘a qarag‘anda anchagina yengillanib ichkariga kirdi, harakatlari ham bir muncha o‘zgargan edi. Oysha buvi undagi bu o‘zgarishdan so‘yindi: — Yengil tortdingmi, qizim? — Shukur... — Endi ortiq urinma qizim, tinch o‘ltur. Qish kunlari bir tutam, «ha, deguncha» kech bo‘ladir. Bu kun ham «ha deguncha»ga ham qolmay kech bo‘lg‘an, mehmonlarning kelishkaniga yarim soatlab vaqt o‘tkan edi. Qutidor mehmonlarni ixlos va samimiyat bilan kutar, ziyofat quyuq-suyuqlari bilan to‘lato‘ kis davom etar edi. To‘ybeka ichkari bilan tashqarig‘a yugurib dasturxon yangilar, choy tashir edi. Xizmat tugalayozg‘andan keyin To‘ybeka o‘zining sovub qolg‘an oshini yemak uchun Oftob oyimlar yonig‘a o‘lturdi. So‘zdan so‘z chiqib Oftob oyim To‘ybekadan so‘radi: — Mehmonlar qanaqa kishilar ekan, tanidingmi? — Nax siz yosh mehmonni ko‘rmabsiz, dunyog‘a kelmabsiz, — dedi To‘ybeka o‘ngu ters osh chaynab, — bir chiroylik, bir aqllik, tag‘in o‘zi hammadan yuqorida o‘lturadir; hali yigirma ham bormag‘andir, mo‘ylabi ham endigina chiqa boshlag‘an... Nax bizga kuyav bo‘ladigan yigit ekan, — dedi va Kumushka qarab kulib qo‘ydi. Bu so‘zdan Oftob oyim ham kulimsirab qizig‘a qaradi: — Ana, Kumush, sen eshitdingmi, opangning so‘zini, To‘ybeka senga er topqan, sen bo‘lsang boshim og‘riydir deb yotasan. Kumushbibining sezilar-sezilmas kulimsirashidan yoqutdek irinlari ostidagi sadafdek oq tishlari ko‘rinib ketdi ersa-da, biroq uning bu holi tezlik bilan tundliqqa alishindi. — Qolg‘an xizmatlaringizning bittasi endi menga er topish edi. To‘ybeka Kumushning tundlanishini elamadi: — Ey... singlim, hali sen bilmaysan, — dedi, — u yigitni bir ko‘rgin-da, hu, deb ketabergin... sen tugil, shu yoshim bilan menim ham unga tekkim keldi, — dedi va xaholab yubordi. Kumushbibi chirt etib yuzini To‘ybekadan o‘girdi. — Tezroq tegib qoling. — Koshki edi tegalsam, — dedi To‘ybeka, — men uning bir tukiga ham arzimayman. Ammo sen bo‘lsang uning bilan tenglashar eding. «Teng-tengi bilan, tezak qopi bilan». Xa-xa-xa!.. To‘ybekaning shuningdek hangomalari boshqa vaqtlarda Kumushni yaxshigina kuldirsa ham hozir unga yotishib kelmadi shekillik, achchig‘lang‘an ko‘yi yotish uchun uyiga kirib ketdi. Oftob oyim «bachcha-machchadir» deb o‘ylag‘an edi. Shuning uchun bu to‘g‘rida so‘z ochmadi. — Tashqaridan xabar olingizchi, opa, — dedi Oftob oyim, — choy kerak bo‘ldimikin. To‘ybeka nari-beri oshini yeb tashqarig‘a chiqib ketdi. Oradan daqiqa vaqt o‘tkan yo o‘tmagan edi, hovliqib ayvonga keldi: — Tuf-e, qurib ketsin jonim chiqib ketdi-ya! Bir soatdan beri joynamozdan qo‘zg‘almay tasbih ag‘darib o‘lturgan Oysha buvi To‘ybekani boshdan-oyog‘ kuzatib yana ishiga mashg‘ul bo‘ldi. Oftob oyim iltifotsizgina kulimsirab tanchadan so‘radi: — Nima bo‘ldi, nega muncha qo‘rqish? To‘ybeka damini rostlab ustunning tegiga o‘lturdi: — Pochchamdan dasturxonni olib qoqish uchun gilosning yonidan o‘tarmanmi, allakim baloga turtinib ketdim. Qo‘rqqanimdan oz qoldiki, dodlab yuborsam... Chamasi mehmonlarg‘a qarab turg‘an ekan. — Kimbalo ekan? — Qorong‘uda yaxshi ajratolmadim, tusini g‘ira-shira anovi qora Homidg‘a o‘xshatdim. Tag‘i umi-boshqami— xudo bilsin, shatir-shutir qildi-da, chiqib ketdi. Qutidor mehmonlarni jo‘natib yotish uchun yeshinar ekan, Oftob oyim so‘radi: — Chiroylik yigit, aqllik yigit, deb maxtiy-maxtiy To‘ybekaning ichagi uzildi, u kim edi? — Mehmonimiz o‘sha edi, — dedi qutidor, — toshkandlik Yusufbek hoji otlig‘ yaqin oshnamning o‘g‘li. — To‘ybekaning maxtag‘anicha bormi, o‘zi? — Bor, — dedi qutidor va g‘italandi, — xudo kishiga o‘g‘il bersa shundayini bersin-da. Oftob oyim kula-kula To‘ybekaning Otabek to‘g‘ri-sida so‘zlagan gaplarini va Kumush bilan bo‘lg‘an mojarosini so‘zlab chiqdi. Qutidor ham kulgidan o‘zini to‘xtatolmas ekan: — Tentagingning aqli balo, kiroyi kuyaving shundog‘ bo‘lsa, — dedi. O'tkan kunlar — 06. Toshkand ustida qonliq bulutlar Bu kunlarda Marg‘ilonda shunday xabar chiqib qoldi. «Toshkand hokimi bo‘lg‘an Azizbek Qo‘qong‘a qarshi bosh ko‘targan. Xon tomonidan xiroj (zakot, soliq) uchun yuborilg‘an devon beklarini o‘ldirgan!» Ikkinchi kun bu xabar tag‘i ham boshqacha to‘n kiydi: «Musulmonqul Normuhammad qushbegiga besh ming sipoh qo‘shib, Toshkand ustiga jo‘natqan!» Bu xabarlar xalq tomonidan juda oddiy, ortiqcha sovuqqonliq bilan qarshi olindilar. Bu voqi’aga hech kim ajabsinmadi va bunda favquloddaliq ko‘rmadi. Xalq bunga haqli edi, chunki, bunday tinchsizliklarni endi ko‘ra-ko‘ra juda ham o‘rganib qolg‘an, bu kun bo‘lmasa ertaga o‘zining botir boshisining, oftobachasining, xullas, kim bo‘lsa ham beklaridan birining shunday tinchsizlik chiqarishig‘a «mumkin va bo‘ladirg‘an ish» deb qarar edi. Ammo biz Otabekni bu to‘g‘rida xalq bilan birgalashtira olmaymiz. Chunki ul bu xabarga sovuqqonliq bilan qaray olmas edi va qaray olmadi. Bu xabarni eshitar ekan, yeb turgani og‘zida, yutkani bo‘g‘zida qoldi: bunday o‘zboshimchalik orqasidan o‘zining ochiq ko‘zi, o‘tkir zehni orqaliq mudhish, falokatlik manzaralar ko‘rar, millatini — xalqini — musulmonini qo‘rqunch jar, tegsiz jahannam yoqasida, yiqilish oldida topar edi-da, seskanib «o‘zing saqla tangrim!» der edi. Bu xabarni eshitkandan so‘ng gangib esini yo‘qotdi. Yarasi yangilandi: — Oq bilan qorani ajratolmag‘an fuqaroning bir necha g‘arazgo‘ mustabidlar kayfi yo‘lida bir-birisining qonig‘a tashna bo‘lishlari va natijada istiqbolning vahim ko‘rinishlari! Shunday qayg‘ular ichida bo‘kib o‘lturar ekan, Hasanali qo‘lida bir maktub bilan hujraga kirdi. Maktubni Otabekka uzatib — «Toshkanddan emish, otangizdan bo‘lsa kerak» dedi. Otabek xatni ochdi: katta qog‘ozda, yo‘g‘on qalam bilan yozilg‘an uzun bir maktub edi. O‘qudi (aynan): «Huvalboriy ...ko‘zimizning nuri, belimizning quvvati, hayotimizning mevasi o‘g‘limiz mulla Otabekka yetib ma’lum va ravshan bo‘lg‘aykim, alhamdulilloh biz duogo‘y padaringiz, mushtipar onangiz va yaqin do‘stlaringiz munda Xaq taoloning hifzi himoyatida sihhat va salomat bo‘lib ko‘z nurimizning duoyi jonini subhi shom, balki aladdavom rabbulolamindan rajo va tamanno etmakdamiz. Janobi Haq bod fursatlarda, yaqin va sa’id soatlarda to‘kis-tugallik birlan diydor ko‘rishmakka nasib va ro‘zi qilsin, omin yorabbulolamin. Ba’dab so‘zimiz: o‘g‘lim, Marg‘ilong‘a sihhat va salomat yetish maktubingni olib haq taolog‘a shukurlar qildik. Bizning Toshkanddan ahvol so‘rasang, balki Marg‘ilong‘a ham eshitilgandir, munda Azizbek qandog‘dir bir kuchka tayanib Qo‘qong‘a isyon etdi. Xazina hisobini olish uchun kelg‘an devon beklarini o‘ldirib o‘rda darbozasiga osdi, bunga qarshi Qo‘qon ham tinch yotmag‘an bo‘lsa kerak. Bu kun Kirovchidan besh ming sipoh ila Normuhammad qushbegini Toshkand ustiga buyurilg‘anlig‘in eshitdik. Fuqaroning tag‘in qandog‘ ko‘rguliklari bor ekan, o‘g‘lim! Kechagina qonliq qilichini fuqaro ustida yurguzib turg‘an Azizbekka uning tig‘i zulmi bilan qora qonig‘a belanilgan o‘g‘lining, otasining, onasining, og‘asining mazlum gavdasi tuproq ostida hali chirib bitmay turib bu kun xalq yana Azizbekka, o‘sha qonxo‘rg‘a o‘z qoni bilan yamin etdi; Azizbekni to o‘zining bir tomchi qoni qolg‘unchaliq himoya qilmoqqa ond ichdi. Azizbekning buyrug‘i bilan kecha o‘rda tegiga barcha Toshkand xalqi yig‘ilg‘an, bu yig‘inda ulamolar ham bor, fuzalo ham bor; xulosa, shaharning har bir sinfidan ham hozir edi. Azizbek o‘rda qorovulxonasidan turib fuqarog‘a salom qildi. Azizbekning salomiga musharraf bo‘lg‘unchilarning ko‘z-laridan yoshlar oqmoqda edi. O‘g‘lim, sen bir qadar oq bilan qorani ajrata olasan, yozg‘anlarimni diqqat bilan o‘qi. Azizbek o‘rda darbozasig‘a osilg‘an ikki gavdani ko‘rsatib so‘radi: «Fuqaro! Ko‘rasizmi bu ikki gunohkorni, nima uchun bu jazog‘a mustahiq bo‘ldilar?» Xalq: «Bilmaymiz, taqsir». Azizbekning o‘zi javob berdi: «Bular Musulmon cho‘loqni sarkardalaridan, qip-choqlarning yo‘lboshchilaridan va qora choponning dushmanlaridan bo‘lgan ikki to‘ng‘izning gavdalari! Men bularni siz qora chopon fuqarom tomonidan o‘ch uchun o‘ldirdim, siz qora chopon og‘aynilarning qipchoq qo‘lida shahid bo‘lg‘an qarindoshlaringizning ruhlarini shodlandirmoq uchun o‘ldirdim! Yoki bu harakatim adolatdan emasmi, fuqaro!» Xalq javob berdi: «Adolat! Xo‘b qilg‘ansiz, taqsir! Qipchoqlarning ja-zolari shunday bo‘lmog‘i kerak!» Azizbek maqsadg‘a ko‘chdi: «Siz qora choponliqlarg‘a xolisona qilg‘an bu xizmatimga qarshi albatta qipchoqlar qasdimg‘a tusharlar, meni Toshkand hokimligidan azl etmakchi va qo‘llaridan kelsa hatto o‘ldirmakchi bo‘lurlar! Siz bu ehtimolga qandog‘ qaraysizlar?!» Xalq o‘zining quyidag‘i javobi bilan ko‘kni ko‘tardi: «Bir tomchi qonimiz qolg‘uncha yo‘lingizda jon beramiz! Qipchoqlarda had bo‘lg‘aymiki, biz tirik turg‘an joyda sizning bir tola mo‘yingizni xam qilsinlar!» Azizbek xalqqa tashakkur aytib yarasini yordi: «Rahmat fuqaro! Eshitamanki, qipchoqlar Normu-hammad qushbegi qo‘l ostida Toshkand ustiga harakat boshlag‘an emishlar. Bunga qarshi bizning hozirlanishimiz kerakmi, yo‘qmi fuqaro?!» Xalq: «Kerak, albatta kerak, taqsir! Agar ruxsat bersangiz, bu kundan boshlab qo‘rg‘onlarni tuzata beramiz!» Azizbek: «Rahmat fuqaro! Orqamda sizningdek fuqarom turg‘anda menga hech bir qayg‘u yo‘qdir!» Xalq: «Siz omon bo‘lib osoyish o‘ltirsangiz, qipchoqqa yo‘l bermaymiz, taqsir! Qo‘rg‘on tuzatishka fotiha beringiz, taqsir!» Azizbek fotiha berdi. Xalq urush hozirlig‘ig‘a kirishdi. Ana, o‘g‘lim, bizning xalqning holiga yig‘lashni ham bilmaysan, kulishni ham! Har holda Toshkand ustiga yana qonliq bulutlar chiqdi, ishning oxiri nima bilan tinchlanar— bu bir xudog‘ag‘ina ma’lumdir. Boshqa so‘zlardan ham ortiqroq esingga shuni solib o‘tayki, siyosat to‘g‘rila-rida o‘ylanibroq so‘zla! Arzimagan sabablar bilan talaf bo‘lgan jonlarni hamisha ko‘z oldingda tut! Sen bilan manim ko‘ngillari-mizdagi yaratg‘uchig‘ag‘ina ma’lum bo‘lib, ammo Farg‘onada meni Azizbekning sherikidir, deb o‘ylashlari va seni bir fitnachining o‘g‘li, deb tanishlari ehtimoldan yiroq emasdir, shu jihatlarni mulohaza qilib oyog‘ bos! Bu tinchsizlik vaqtida sen bilan manim hayotimizning tahlika ostida bo‘lg‘anlig‘ini unutma! Shuni ham aytib qo‘yayki, bu tinchliksiz bosilmag‘uncha Toshkandga kelmasliging maslahatdir. Toshkand tinchlangandan keyin (agar salomat bo‘lsam) o‘zim xabar yuborurman. Munda barcha yoru do‘st salomat, mendan Hasanaliga salom ayt! Addoi otang Yusufbek hoji. Toshkand, 27-dalv oyida 1264-yilda yozildi». Otabek maktubni tugatib, tushunmay o‘tkan jumlalarini qayta ko‘zdan kechirar ekan, Azizbek voqi’asi ustiga kelganda ixtiyorsiz «tulki» deb yubordi. «...bosilmag‘uncha Toshkandka kelmasliging masla-hatdir!» — bu jumlani o‘qug‘anda, — undog‘ bo‘lsa sira tinchimangiz, — dedi-da, yovoshg‘ina iljayib qo‘ydi... O'tkan kunlar — 07. Majburiyat Qo‘qondan har kun deyarlik xabarlar kelib turar edi. «Qo‘qon sipohi tomonidan Toshkand o‘raldi» degan xabarga endi o‘n besh kunlab vaqt o‘tgan edi. Ammo hanuz — «Toshkand olindi» degan gap yo‘q edi. Kechadan beri kishilar og‘zida: «Normuhammad qushbegi yaralangan, Qo‘qon yigitidan bir yarim mingi qirilgan» degan xabar yurib ketdi. Chamasi, Azizbek osonliq bilan jon beradigan ko‘rinmaydir. Anovi yarasining ustiga Toshkand foji’asi kelib qo‘shilg‘ach, Otabek tag‘in ham xayolchanlangan, tag‘in ham xomushligini ortdirgan edi. Hatto ba’zi kunlar hujrasidan tashqarig‘a chiqmas, kishilar bilan so‘zlashmas, boshqacha aytkanda kundan-kunga go‘shanishinlikka yaqinlashib borar edi. Bu kun ertalabki choydan so‘ng Hasanali kechagi fikrini chinlab amalga oshirmoqchi bo‘ldi. Chunki Otabekdagi o‘zgarish — kundan-kunga rangining siniqib borishi, hujradan chetka chiqmasligi, xomushligi va boshqalar Hasanalini yaxshig‘ina qo‘rquvg‘a solg‘an, o‘zining faqat tomoshachig‘ina bo‘lib yurishidan rizosiz-langan edi. Durust, ul Otabekning muhabbatiga voqif bo‘lg‘anidan beri bir daqiqa ham uni o‘zining ko‘z o‘ngidan uzoq tutmag‘an: mahbubasi kim, kimning qizi, birar ebini qilsa mumkinmi? — Mana shuningdek masalalarni tekshirib, bilib ham o‘ylab kelgan edi. Ammo bu to‘g‘rida Otabekning ko‘magiga chinlab bel bog‘lashdan uni ba’zi ehtimollar to‘xtatib: «Otabek yosh, yoshlar muhabbati uchar qush, balki, bu kun-erta unutib ham yuborar» kabi mulohazalarda bo‘ling‘an edi. Nihoyat, Otabekdagi o‘ychanliq va o‘zgacha hollarning kundan-kunga kuchayib borishi Hasanali haligi mulohazadan voz kechdirib, boshqa yo‘sunlarni qaratmoqqa majbur etdi. Garchi uning qarori bir nuqta ustida to‘xtag‘an bo‘lsa ham shu holda tinib turmadi, yana yuz turlik boshqacha yo‘sunlarni o‘yladi, ming turlik xayollarga borib qaytdi, ammo ularning bittasini ham Otabek og‘rig‘ig‘a em deb topmadi va nihoyat: — Ko‘ray-chi, qadamim muborak bo‘larmikin, — deb qo‘ydi. Kechlik oshni o‘tkazgach, Hasanali o‘z hujrasidan kiyinib chiqdi-da Otabek yonig‘a kirdi. Otabek «Boburnoma» mutolaasi bilan mashg‘ul edi. Ba’zi bir ehtimollarga qarshi o‘zining niyatini bildirmay: — Menda yumishingiz yo‘qmi, bek? — deb so‘radi Hasanali. — Hammomga bormoqchi edim... Otabek ko‘zini kitobdan uzmay javob berdi: — Yumishim yo‘q, boraveringiz. Hasanali chiqdi. Qosh qorayib, qorong‘u tushayoz-g‘an edi. Havo bulut, achchig‘, sovuq yel to‘rt to-mong‘a yugurar, onda-sonda qor uchqunlarini quvlab ziriqtirar edi. Eruv vaqtida yarim beldan loy kechishka to‘g‘ri keladigan ko‘chalarning loyi qatqaloqlang‘an, shuning uchun yurguchi qiynalmas, aksincha ola-chalpoq qor pag‘alarini bosishdan vujudga kelgan oyoq ostidag‘i «g‘arch-g‘urch» tovushlari kishiga bir turlik kayf, musiqaviy yengillik berar edilar. Do‘konlar yopiq bo‘lsalar ham choyxonalar ochiq, kishilar o‘rtaga gulxan solib, choyxonachining bachchasini gohi o‘zlariga xon ko‘tarib va gohi «xon qizi» deb ham qo‘yadirlar. Xon saylag‘uchilar orasida yosh yigitlar bor bo‘lg‘anidek, katta sallalik mullanamolar, yetmish yoshliq keksalar ham ko‘rinadirlar... Qish kechalari juda uzun, shuning uchun choyxonalar obod; xalq lazzatlanib bachchaning tabarruklangan choyini ichadir, husniga tamosho qilib xudoning qudratiga hayron qoladilar... Hasanali Ziyo shohichining tashqarisig‘a kelib kirdi-da, mehmonxona darichasiga qaradi. Daricha tirqishidan ko‘rilgan yorug‘liq mehmonxonada kishi borliqni bildirar edi. Hasanali tuzatinib oldi va ichkariga kirdi. Ziyo shohichi namoz o‘qumoqda bo‘lib, mehmonxona chet kishidan xoli edi. Bu tasodufdan Hasanali so‘yindi va Ziyo akaning namozni bitirishini kutib o‘lturdi. Ziyo shohichi yonig‘a salom berib joynamozdan orqasiga qarab qo‘ydi. Fotihaga qo‘l ko‘tardi. Fotihadan so‘ng kelib Hasanali bilan so‘rashdi: — Keling ota, tinchlikmi? — Shukur, tinchlik. Tancha tevaragiga ulturishdilar. Bir muncha vaqt so‘zsiz edilar. Ziyo shohichi bu vaqtsiz tashrifka tushuna olmay «nima qilib yurasan?» degandek etib, bir necha qayta Hasanaliga qarab oldi. — Ajablanmangiz, boy aka, kelishimda bir majbu-riyat bor. — Sizni Otabek yubordimi? — Yo‘q, o‘zim keldim, boy aka. Ziyo shohichi yana tushuna olmadi. To‘g‘risi ham Hasanalining bu kelishi Ziyo aka uchun yot bir ish edi. Chunki, Hasanali Otabekning quli. Qullar bilan jiddiy muomalada bo‘linmoq, ayniqsa Ziyo shohichilardek odamlarg‘a favqulodda bir ish. Buning ustiga majburiyat ostida o‘zicha kelishi... Ziyo akaning boshi qotib oxirda so‘radi: — Majburiyatingiz? Hasanali kulimsirab oldi: — Majburiyatimni eshitsangiz, balki ishonmassiz. — Xo‘sh. — O‘zingizga ma’lumki, — dedi tuzuklanib Hasan-ali, — Marg‘ilon kelganimizga yigirma besh kun, bir oylar chamasi fursat o‘tdi. Shundan beri Otabek dard-mand. Ziyo aka ajablangan edi: — Qanday dardmandlik, Otabek sog‘-ku? — To‘g‘ri aytasiz, — dedi Hasanali, — ammo men ham uning dardiga bir necha kunlab tushunmay yurgan edim. — Xo‘sh, dardi? — Muhabbat. — Muhabbat? — Muhabbat! — deb takrorladi Hasanali. — Shu yigirma besh kunlik bir muddatning ichida ul butunlay odamgarchilikdan chiqayozdi. Bu o‘rtada qanday tashvishlarga tushmadim, so‘rasangiz. — Kimga muhabbat qo‘yg‘an, xabaringiz bo‘ldimi? — Bo‘ldi. Qutidorning qizig‘a. — Ha, ha-a! — deb yubordi Ziyo aka va bir oz o‘ylang‘adan keyin so‘radi, — buni siz aniq bilasizmi? — Aniq bilaman. — O‘zi aytdimi? — O‘zi aytmasa ham shunga yaqinlashtirdi. — Otabek qizni qayerda ko‘rgan? — Afsuski, buni bila olmadim. Hasanalining kelish majburiyati va nima uchun kelganligi Ziyo akaga yaxshi onglashildi ersa-da, yana shunday bo‘lsa ham so‘radi: — Endi nima qilmoqchisiz? — Huzuringizga kelishimning bosh sababi ham shundandir, — dedi Hasanali. — Bu to‘g‘rig‘a siz qanday yo‘llar ko‘rsatasiz va nima kengashlar berasiz, albatta shunga qarab bir ish qilamiz, deb xizmatingizga keldim. Ziyo aka o‘ylab qoldi. Qiziq gap, deb bir-ikki qayta nos otib oldi. Bu orada Hasanali boshdan-oyoq hikoyani so‘zlab chiqdi. — Nozik gap, — dedi oxirda Ziyo aka, — agar biz Otabekni bu yerdan uylandirib qo‘ysak, hoji bizdan xafa bo‘lmasmikin? — Ko‘b yashang, boy aka. Qulingiz ham bu to‘g‘rida ko‘b o‘yladim. Xafa bo‘lsa nima chorakim, biz shu ishka majbur bo‘lg‘an bo‘lsaq. Shuning bilan birga Yusufbek hoji ham unchalik aqlsiz kishilardan emaski, bu gapka xafa bo‘lsa. Ammo men qutidor ko‘nadimi, yo‘qmi, deb bu tomonni o‘ylab turibman? Ziyo aka yana o‘ylanib bosh qashindi: — Aytkaningizdek masalaning bu tarafi ham nozik,— dedi, — ammo qutidorning Otabekka qarashini yaxshi bilsam ham o‘rtada yirog‘liq masalasi bor... Qizimni musofirga bermayman, deb qo‘yarmikin, bilmadim... — Menimcha qutidorning oldidan bir yo‘li o‘tilsin,— dedi Hasanali, — agarda ko‘nib xo‘b desaku xayr, ko‘nmagan taqdirda bu xabarni Otabekka yetkuzsak, zora, shuning bilan ko‘ngli sovib tushsa. Hasanalining bu so‘zi Ziyo akaga ham ma’qul bo‘lib tushdi: — Bo‘lmasa, qutidornikiga qachon borilsin, deysiz? — Bundagi ixtiyor sizdadir. Ziyo aka o‘ylab turdi-da, yuziga kulgi chiqardi: — Hozir boramiz, — dedi, — biz ham umrda bir sovchiliq qilayliq. Ziyo aka kiyinish uchun qo‘zg‘algan edi. Hasanali undan so‘radi: — Manim ham birga borg‘anim ma’qulmi yoki yolg‘iz o‘zingiz? Ziyo aka qo‘l silkib: — Sizning borishingizdan zarar yo‘q, — dedi. O'tkan kunlar — 08. Qutlug' bo'lsin ...Ziyo shohichining kulib aytkan so‘zlariga qutidor sira ham tushunmas va kutilmagan mehmonlarning ke-lish sababini so‘ramoqdan iymanar edi. — Olovni qo‘yaturib, qudalarga dasturxon olib chiqingiz. Ziyo shohichining bu kulguligidan so‘ng qutidor tanchaga olov qalashni qo‘yib dasturxon buyurish uchun ichkariga qo‘zg‘aldi. Uning ketidan Hasanali: «Taqdir bitkan bo‘lsin-da», — deb qo‘yg‘an edi, shohichi qat’iy qilib: «Inshooloh bitar, shundog‘ yigitni kuyavlikka qabul qilmag‘an bir kishini biz odamg‘a sanamaymiz» — dedi. Qutidor qaytib chiqdi... Ziyo aka bilan Hasanali ma’noliq qilib bir-birlariga qarashib olmoqda edilar. Qutidor, ayniqsa Ziyo akaning og‘zini poylab, ko‘ngli chaqirilmag‘an mehmonlardan tushunmog‘i qiyin bo‘lg‘an bir ma’noni sezmakda edi. Oradagi so‘zsizlik uzoqqa cho‘zilabergach, qutidor Hasanalidan so‘radi: — Bek salomatmi? Ziyo aka so‘z o‘nqovi kelganini payqab Hasanalining jim turishiga ishorat qildi va o‘zi javob berdi: — Bizning sizga chaqirilmag‘an mehmon bo‘lishimiz ham Otabekning sog‘lig‘i uchundir. Qutidor bu javobdan bir narsa tushunolmadi va shu-ning uchun qaytalab so‘radi: — Otabek sog‘mi? — Bu kungacha Otabek salomat, — dedi Ziyo aka salmoqlab, — ammo bekning mundan keyingi sog‘lig‘i sizning qo‘lingizda qolg‘ang‘a o‘xshaydir. Qutidor yana tushunolmay taajjub bilan mehmon-larga qarab oldi. — Tushunolmadim... — Ya’ni Otabek bu kungacha salomat, — dedi Ziyo aka yana. — Ammo mundan keyingi sog‘lig‘i sizning qo‘lingizda... — Menim qo‘limda? — Sizning ixtiyoringizda. — Otabek kabi bir yigitning sog‘lig‘i har bir aqlli kishi uchun maqsad bo‘lsa ham, — dedi taajjub bilan qutidor,— lekin so‘zingizning shunisi qiziqdirkim, bir yigitning sog‘lig‘i ikkinchi bir kishining ixtiyorida bo‘lsin. Ziyo aka boyag‘i vaziyatini buzmadi: — Ajablanmangiz, o‘rtoq, — dedi, — bekning mundan keyingi sog‘lig‘i sizning ixtiyoringizda; bu o‘yin emas — to‘g‘ri gap. Qutidor to‘sindan muddaoning kim va nima to‘g‘ri-sida bo‘lg‘anlig‘ini payqab qoldi va o‘zida bir turlik o‘ngg‘aysizlik sezdi. Ziyo aka To‘ybekaning yozgan dasturxonini tuzatib, kulchalarni sindirdi. Hasanali bilan qutidorni nong‘a taklif qilib o‘zi maqsadni ochiqroq onglatmoqchi bo‘ldi: — Muhabbat degan narsa juda oz kishilarga nasib bo‘ladirg‘an bir durri bebahodir, — dedi Ziyo aka. — Qadrdoningiz Yusufbek hojining o‘g‘li Otabek — bir necha kunlardan buyon pinhoniy bir dard bilan og‘rir edi. Ko‘rinishda uning quli, ammo haqiqatda Otabekning ma’naviy padari bo‘lg‘an Hasanali ota uning maxfiy dardining asli omilini izlaydir, bekning o‘zi bo‘lsa o‘z holi to‘g‘risida hech narsa sezdirmay dardin yashiradir. Shundog‘ qilib xo‘jasiga ixloslik Hasanalining tajribalik kuzatishidan bekning maxfiy dardi uzoqqa qocholmay natijada sir ochiladir... Shari’at ishiga sharm yo‘q, deydirlar o‘rtoq, agarchi siz bilan menga bir muncha og‘irroq bo‘lsa ham yana so‘zlab o‘tishga hojat bor: kunlardan bir kun taqdir shamoli yuradir-da bir kimsa-ning iffat pardasi ostida o‘lturgan qizining yuzidagi niqobini ko‘tarib ikkinchi tomondan bizning Otabekni shu afifaga ro‘baro‘ qiladir. Shu daqiqadan boshlab bekda u afifaga qarshi bir ishq, ham chin bir ishq tug‘uladir... Ziyo shohichi o‘z tomonidan ham yana bir muncha gaplarni qo‘shib chatib, so‘zini tugatdi. Qutidor yaxshig‘ina o‘ng‘aysizlangan edi. Qutidorgina emas, sovchilar ham o‘ng‘aysizlangan edilar. Masalaning noziklig‘iga uchavlari ham tushunarlar va shuning uchun ittifoq qilgandek chuqur bir sukutka ketgan edilar. Garchi muddao kun kabi oshkora bo‘lgan bo‘lsa ham nima uchundir qutidor yana o‘zini tag‘ofilga solib so‘radi: — U kimning qizi emish? Ziyo shohichi qutidor tarafidan o‘ziga beriladirgan shu savolni kutib turg‘an edi. — Sizning karimangiz, — dedi. Qutidor o‘zining joysiz savolidan o‘kinib yerga qaradi. O‘rtada tag‘in so‘zsizlik, o‘ngg‘aysizlik boshlandi. Bir necha fursat shu yo‘sun jimgina o‘lturishkandan keyin yana Ziyo shohichining o‘ziga gapirishka to‘g‘ri keldi: — Biz, o‘zimizning bu kelishimizda sizning uchun dunyoga orzug‘uliq bir o‘g‘ul hadiya etkanimizdek, inshoolloh, qaytishimizda ham Otabek uchun mujassamai iffat bo‘lg‘an bir rafiqa tuhfa qilarmiz. Bu so‘zdan keyin Hasanalining yuragi bezillay boshladi. Chunki shu daqiqada qutidor og‘zidan yo rad va yo qabul javobi eshitar edi. Ikkinchi tomonda, kutilmagan bu sovchiliqqa ishonishnida, ishonmasnida bilmay shoshib o‘lturgan qutidor ham o‘zining og‘zig‘a tikilib turg‘uchi ikki kishiga qanday javob aytish uchun garangsigan edi. — Otabek kabi bir yigitni o‘g‘ul qilish sharafiga noil bo‘la olsam o‘zimni eng baxtlik otalardan sanar edim, — dedi nihoyat qutidor, — ammo bu to‘g‘ridagi hamma ix-tiyor o‘z qo‘limda bo‘lmay orada ko‘krak suti berib o‘sdirg‘an xotin ham bor... Bu ish uchun yolg‘iz o‘zim qabul javobi bersam-da, onasi bir chekkada qoldirilsa, ehtimol, puxta ish qilmag‘an bo‘larmiz. Agar maslahat ko‘rsalaringiz bu to‘g‘rida uning bilan kengashib ko‘rar edim... Qutidorning javobidan samimiyat va ixlos ma’nolari tomib turar edi. Javobni eshitkan sovchilarning tomiriga umid qonlari yugurib ketdi. — Bu ot savdosi emas, umr savdosi, birodar, — dedi Ziyo aka, — yangamiz bilan kengashingiz, Otabek va otasi to‘g‘rilarida bilganlaringizni so‘zlangiz, shundan keyin xo‘b o‘ylashib bizga javob beringiz. Shu gapdan keyin qutidor mehmonlarni qoldirib ichkariga kirdi. Kumushbibi uxlashqa yotqan edi. To‘ybeka bo‘lsa o‘zining o‘choq boshi yonidag‘i uychasini titratib hurrak otar edi. Qutidor uy eshigini ochar ekan ayvonda o‘zini kutib o‘lturgan Oftob oyimg‘a dedi: — Sham’ni olib kir-chi oldimga. Uy jihozga g‘oyatda boy, go‘yo muzaxona tusini berar edi. Taxmonda turlik rangda atlas va shohilardan qoplang‘an ko‘rpalar, taxmon toqchalarig‘a uyilgan par yostiqlar, qator-qator xitoyi jononlar: kosalar, ko‘zalar, chinni choydishlar, laganlar, kumush qinlik xanjar va qilichlar, qalqon va siparlar, dorga soling‘an turlik-turlik er va xotin kiyimlari: po‘stin, chakmon va boshqalar, qip-qizil gilam va shohi ko‘rpachalar kishi ko‘zini qamashdirar darajada edilar. Oshiqib og‘zini poylag‘an Oftob oyimg‘a qutidor bir iljayib qo‘ydi-da: — Xotin, sen hali eshikdagi sovchilardan xabarsizdirsan? — dedi. Oftob oyim erining «sovchi» xabarini oddiygina qarshiladi, chunki endi ikki-uch yildan beri uylariga kun sayin sovchilar jamoasi yog‘ilib yotqanliqdan bu sovchilar ham o‘shalarning birisidir, deb o‘ylag‘an edi: — Xayrlik bo‘lsin, kimlar sovchi? Qutidor yana bir kulib qo‘ydi: — Ziyo shohichi, tag‘in senga noma’lum bir kishi. Oftob oyim bu kungi sovchilarning qutidorg‘a boshqacharoq o‘zgarish berganlarini payqadi va buni erining samimiyat ham oshiqishidan sezdi: — Kim uchun kelganlar? — Bundan o‘n besh kunlar ilgari biz bir toshkandlik savdogar yigitni mehmon qilg‘an edik, balki esingdadir? — Esimda bor, To‘ybekka maxtab kirgan yigit. — O‘lma, xotin, — dedi qutidor, — ana shu yigit uchun kelganlar. Bu so‘zdan Oftob oyim bezong‘lab tushti va eriga qarshi rizosizlik vaziyatini oldi: — Musofir-ku? Oftob oyimning bu so‘zi bilan qutidor bosh qashib oldi va umidsiz bir tovushda: — Men ham shunisiga hayron bo‘lib qoldim, — dedi.— Yo‘qsa o‘zi ayni biz qidirg‘an, har to‘g‘rida ham yetuk bir yigit edi. Oftob oyim boshqa xotinlarimizdek erining ra’yi va xohishini, umuman butun shaxsini ehtirom qilg‘uchi bir xotindir. Shuning uchun erining hozirg‘i ra’yini garchi o‘z tilagiga bus-butun zid topsa ham yolg‘iz «musofirlik» masalasi bilangina gapka xotima bermay, boshqa taraf-lardan ham kamchiliklar topib asoslik suratda qutidor-ning Otabekka tomon haroratlanayozg‘an yuragiga sovuq suv sepmakchi bo‘ldi: — O‘zi qanday kishining o‘g‘li, otasi sizga tanishmi? Oftob oyimning bu savoli o‘zi uchun zararlik bo‘lib chiqdi. Chunki qutidor, Yusufbek hojining qanday kishi bo‘lg‘anlig‘ini, bu kunda qaysi ishda ekanligini va o‘ziga bo‘lg‘an munosabatini mayda-chuyda tafsilotlari bilan so‘zlab chiqib, so‘zi oxirida: «Yigitning naslini ayb-sitib bo‘lmaydir, to‘g‘risiga ko‘chkanda bu yigit naslan bizdan allaqancha yuqorida turadir», deb qo‘ydi. Oftob oyim endi ikkinchi turlik yo‘l bilan ketdi: — Uylanganmi, yo‘qmi? — Uylanmagan. Buni qaysidir bir majlisda uning qu-lidan eshitkan edim. — Yoshi nechalarda bor? — Ko‘b bo‘lsa yigirma besh yoshlarda bo‘lur, bo‘lmasa yigirma ikki-yigirma uchlardan oshqan emas. — Nima majburiyatda bizga kuyav bo‘lmoqchi, Toshkanddan qiz topilmag‘anmi? — Topilsa ham yoqtirmas ekan, — dedi qutidor va o‘ngg‘aysiz holatda voqi’ani shipshitib chiqdi. Masalaning bu yanglig‘ boshlanishiga va buning ustiga erining moyillanishiga Oftob oyim nima deyishni bilmay qoldi. Tuzik, erining maylini anchagina dalil va sabablarga suyanib bo‘lgan bir mayl ekanini onglag‘an, kuyav bo‘ladirg‘an yigitni o‘zlarig‘a o‘g‘ulliqqa loyiq bir kimsa ekanini ham yaxshi tushungan edi, ammo hozir bu gaplardan ham ilgariroqda «musofirlik» masalasi turar; bir necha yillardan beri muvofiq kuyav izlay-izlay nihoyat Toshkandlik bir musofirga berish xo‘rlig‘i Oftob oyim uchun og‘ir edi. — Endi qanday kengash berasan, xotin? Oftob oyim o‘z fikrini ochiq aytishka yuraksina olmas, erining ko‘ngli olinishidan qo‘rqar, ammo — «musofir» masalasiga jonu dildan qarshi edi. — Siz muvofiq ko‘rgan bir ishqa qarshi tushib, ra’yingizni qaytaraolmayman, — dedi ko‘b o‘ylag‘andan keyin Oftob oyim, — chunki nima bo‘lg‘anda ham siz-ning otaliq ismingiz bor, ham ko‘broq ixtiyor sizning qo‘lingizdadir. Men albatta ko‘zingizning oqu qorasi bo‘lg‘an yolg‘iz qizingizni yaramas, bo‘lmag‘ur kishiga tutib berarsiz, deb bilmayman. Bu jihat bilan bu ishka rizolig‘im bilinsa ham biroq qarshilig‘im shundadirki, kuyav toshkandlik bo‘lg‘andan so‘ng qizingizni o‘zi bilan birga olib ketar va siz bilan meni yolg‘iz bolamizdan ayirar... Bunga qolg‘anda sizni bilmasam-da, ammo mening bunday judoliqqa sira toqatim yo‘qdir... Mana shu ta-rafni yengilroq o‘ylag‘anga o‘xshadingiz, jonim. — So‘zlaring to‘g‘ri, xotin, — dedi o‘ylab qutidor, — lekin taqdir bitkandanmi, nimadan bo‘lsa ham bu yigitka qarshi ko‘nglim jizillab turadir. Bu fikrim senga ma’qul tushadimi, yo‘qmi, har holda biz endi uzoq o‘ylashib o‘lturmayliq-da, o‘z xohishimizcha qilib javob beraylik: masalan, sovchilarg‘a rizolig‘imizni bildirib, ammo Kumushni Marg‘ilondan olib ketmaslikni shart qilaylik. Agar shartimizni qabul qilsalar yolg‘iz bolamiz ikki bo‘lib — ayni bizning muddaomiz; yo‘q, qabul qilmasalar ul vaqtda kinalari o‘zlaridan bo‘lsin, mana bu maslahatka nima deysan, xotin? — Musofirlig‘i? — Biz ta’nani kuyav qilmaymiz, — dedi qutidor, — bizga chin yigit kerak, xalq «musofirga berdi» deb so‘z qilsa — qilsin. Oftob oyim eridagi maylni boshdayoq payqagan edi, shuning uchun tilar-tilamas «o‘zingiz bilasiz» javobini berdi. Javobni olib qutidor sovchilar oldig‘a chiqdi va ma’lum shartni ularga e’lon qildi. Bu shartni Otabek ismidan Ziyo shohichi qabul etib qutidorni Otabekdek bir yigitni kuyav qilishi bilan tabrikladi va shu takallufsiz sovchilik ila umr savdosi bitkan hisoblandi. Ikki yosh-ning muhabbatlik, uvalik-juvalik bo‘lishlarig‘a duo qi-ling‘ach sovchilarg‘a zarrin to‘nlar kiydirildi. Hasanali qutidorga o‘zining minnatdorchiligini aytib tugata olmas, so‘z oralarida uni duolar bilan g‘arq etmakda edi. — To‘nlar muborak bo‘lsin! — Sizga kuyav o‘g‘ul muborak bo‘lsin! Qutidor ixlos va samimiyat bilan: — Qutlug‘ bo‘lsin! — dedi. O'tkan kunlar — 09. Qarshilash Bu kungi kutilmagan tun Hasanali otani gangitkan, uning keksa ko‘zlari uyqu bilan tamom chaplashib olg‘an edilar. Ul bu xabarni ertaga ertalab qaysi yo‘sun bilan bekka bildirish yo‘llarini o‘ylar edi. Bu favqulodda so‘yinch xabarni bekning qaysi yo‘sunda qarshilashini o‘ylar edi. Bu xabarni eshitish bilan Otabekda ko‘riladirgan o‘zgarishlarni, hollarni, harakatlarni... barchasini birma-bir ko‘nglidan kechirar edi. Bu gapni eshitgach, haftalab hujra ichidan chiqmay yotqan bekni ko‘chalarda, bozorlarda, qutidor uylarida shodlanib, ruhlanib yurganini ko‘rar edi. Bu o‘ylarni tugatkandan keyin uning ko‘zlari uyqu sari yumila boshlab, qarshisig‘a Otabek kelib to‘xtar edi: «Ota, men sizning bu qilg‘an yaxshilig‘ingizni sira unutmasman» deb minnatdorlik qilg‘andek bo‘lar edi. Hasanali uyg‘onib ketar va qaytadan shu to‘g‘rida o‘ylab boshlar edi: «Bechora. Suyganing to‘g‘risida o‘ylay-o‘ylay boshlaring og‘rib, ohlar tortib yotadirgandirsan... Yordamching yo‘qlig‘i-dan umiding kesilib, hasratingni kimga aytishni bilmaydirg‘ andirsan. Qayg‘irma begim. Hasanali otang u to‘g‘rida ham seni yodidan chiqarmadi... Bu kecha se-ning qayg‘uliq kechalaringning eng keyingisi va oydinliq ham she’riyatlik tunlaringning arafasidir, begim». Hasanalining ko‘zlari tag‘in uyqug‘a ketar, qarshisig‘a Otabek bilan ko‘hlik, ko‘rkam bir qiz kelib chiqar va ikkisi unga qarab iljayishar edilar: «Bizning chin otamizsiz» degandek bo‘lar edilar. Hasanalining yana uyqusi qochar edi. Yoshim oltmish to‘rtka yetdi, o‘g‘ul-qizim bo‘lmadi... Dunyodan charog‘chisiz boraman... Darvoqi’ Otabek menga o‘g‘ulliq qilmasmi, xotini menga qiz bo‘lmasmi, ularning bolalari meni «bobo» deb ketimdan yugurmasmikinlar? Tuproq ostlarida unutilib yotqan kezlarimda: «Bir vaqt Hasanali otamiz ham bor edi», deb yodlasalar, yaxshiliq bilan eslasalar yetar menga shu». Tunlar uzoq, tongni otdirib, Otabekni quvondi-rishg‘acha sabr chidamas, ko‘z yumishg‘a haligidek xayol-lar mone’ bo‘lar edilar. Shu yo‘sun yarim uyqu holatda tongni otdirib so‘yintirish soatlari ham yetdi. Choydan keyin hujrasiga chiqib ketkan Hasanali qo‘ltug‘ida bir narsa bilan kirib bek qarshisig‘a o‘lturdi. Otabekdagi sukut, xayol, fikr kabi holatlarni yulib, yulqib olib, ular o‘rniga chechak donalari ekib, umid suvlari sepmakchi edi. Hasanali: — Endi muborak bo‘lsin sizga, — dedi. Otabek tushunolmay Hasanaliga qaradi. Hasanali iljaygan ko‘yi qo‘ltug‘idag‘i zarrin choponni olib sandal ustiga qo‘ydi. — Bu qanday chopon? — deb so‘radi bek. — Muborak bo‘lsin, dedim-ku. — Nima muborak bo‘lsin? — Sizga iffatlik va sevimlik rafiqa bilan qutidordek qayin ota, Hasanaliga kelin. Otabek qiziq holatda qoldi: bir turlik titrab ketdi, ko‘zlari qinidan chiqar darajaga yetdi. G‘ayri-ixtiyoriy qo‘zg‘alib o‘lturgandan keyin so‘radi: — Bu nima degan so‘zingiz? — Nima deganimni so‘ramangiz va deganimga ishonaberingiz, — dedi kulib Hasanali, — men sizni qutidorning qiziga uylandirishka qaror qilib, qarorimni ham bu kun kechasi Ziyo shohichi bilan amalga oshirdim... ya’ni qutidorning qizig‘a sizning uchun unashib keldik. Otabek gangib shoshib so‘radi: — Qaysi qizig‘a unashib keldingiz? — Qutidorning yolg‘iz qizig‘a, — dedi Hasanali, — bundan xotirjam’ bo‘lingiz, bek. Ziyo shohichi ertalabki choyni ichib borarman degan edi, biz uning bilan hali to‘y kengashlarini qilamiz. Otabek tusida xursand va xafaligi majhul bir holat bor edi. Unashish masalasiga qarshi tushmaganidek, so‘yinchini ham oshkor qilmadi... Kumushbibi uyqudan turib, favqulodda bir holga uchraydir: — Bir kechada hammaning tushiga «to‘y» kirib chiqg‘an. To‘y uchun yangi ko‘rpalar qoplamoqchi bo‘ladilar, par to‘shaklar olmoqchi bo‘ladilar, kuyav uchun qanday kiyim yarashmog‘i ham bahs qilinadir. Oftob oyim eriga oltin kamar olmoqqa buyuradir... Tavba, demak chora yo‘q: Oftob oyimlarning kuyavlari kim, qaysi qizlarini erga beradirlar, ularning Kumushdan ham boshqa qizlari bormi? — Ularning qizlari yolg‘iz, demak Kumush erga beriladir... Tushunarlik gap emas: — Erga kim tegadir? — Kumush. — Kumushbibi kuyavni yoqtiradirmi, yo‘qmi? Bu to‘g‘rida uning fikrini bilish kerak emasmi? — So‘zlash ham kerak emas, bildirish ham. — Nega? — Chunki odat shul! Kumush ota-ona yoqtirg‘an kishiga rozi bo‘lish uchun majbur! Kumushbibi kuyavning kim bo‘lg‘anlig‘ini To‘ybe-kaning shu so‘zlaridan so‘ng payqab oldi: — Mana, bekachim, — dedi kulib To‘ybeka. — To‘ybeka opangni sen hech narsaga sanamaysan. Biroq uning nafsilamrda karomati bor. Opang bir narsani tiliga va yo ko‘ngliga oldimi, darrav farishtalar «omin!» deydirlar. Anovi kungi yosh mehmonni senga maxtasam achchig‘landing, ammo kelib-kelib bu kun seni o‘shanga berdilar... Endi mundan keyin To‘ybeka opangg‘a ixlos qo‘y, bekachim! Bu xabarni eshitkuchi Kumushbibining qora ko‘zlari jiq yoshg‘a to‘lib, kipraklari yosh bilan belandilar. — Yig‘lama bekachim, — dedi To‘ybeka, — biz bi-lamiz sizning ko‘z yoshlaringizning nimaga ekanin: erlar so‘yinganda kulsalar, sizga o‘xshash qizlar yig‘laydirlar; sizning yig‘lag‘aningiz — quvong‘aningiz... Meni erga berganlarida senga o‘xshash men ham yig‘lag‘an edim, ammo ichimdan nikoh kunining tezroq kelishini kuta-kuta o‘lgan edim. — Toqatim tugadi, opa, — dedi Kumush, — ortiq so‘zlamangiz. — So‘zlamayman, — dedi To‘ybeka, — lekin sirasini so‘zlayman... Oh, ko‘rsang edi bir kuyavni. Qanday chiroylik, qanday aqllik ekanini bilar eding, bekachim. Yulduzingiz nax bir-biringizga to‘g‘ri tushkan ekan, ik-kingizning ham bir-biravingizdan kamligingiz yo‘q. Kumushbibi ortiq chidalmadi, qo‘rqunch bir tovush bilan hayqirdi: — Oh, o‘laman, ko‘b so‘zlama! Kumushning bu tovshiga Oftob oyim bilan Oysha kampir uydan yugurishib chiqdilar: — Nima bo‘ldi, nima bo‘ldi? Kumushbibi onasi bilan bibisining uydan chiqishlari ila boshini sandalning ko‘rpasiga burkab, yotib oldi. To‘ybeka juda qo‘rqqan edi: — Qallig‘i to‘g‘risida so‘z ochqan edim, men bilan urishdi. Oftob oyim To‘ybekani qarg‘ab berdi: — Sen aqlsiz o‘lgur, Kumushni uyaltirg‘ansan! Tinch yursang seni birav bir nima qiladimi? Bor, ishingga bor! Onalar Kumushning bu hayqirig‘ini uyalg‘anga yo‘ydilar-da, yana uyga kirib bisot kavlashka, to‘y hozirligini ko‘rishka mashg‘ul bo‘ldilar. Kumushbibi bir necha fursatkacha shu ko‘yi burkanib yotdi. So‘ngra o‘rnidan turib tashqari havliga qarab ketdi. Ko‘b yig‘lag‘anliqdan ko‘zlari qizarg‘an, qovoq-lari shishkan, yuzlar bo‘rtkan edi. Ammo bu o‘zgarishlar uning husnini, latofatini bir zarra ham kamitmay balki, o‘n qayta oshirg‘an edilar. Tashqarig‘a chiqg‘andan keyin ayvonning tumshug‘iga kelib o‘lturdi va o‘ng qo‘lining kaftiga yuzini olib fikrga toldi. Shu holda uzoq qoldi. Shundan keyin ul qo‘lini yuzidan bo‘shatdi-da, entikib dam oldi va kimnidir izlagandek, kimnidir kutgandek tevaragiga qarab qo‘ydi... — Ariq bo‘yi, sirlik ariq bo‘yi. Yoshliq ko‘zlar ariq bo‘yig‘a tushib, nozik oyoqlar ariq bo‘yi tomong‘a harakatlandilar. Ul ariq bo‘yig‘a yetkach, ma’lum o‘ringa sakrab o‘tdi-da, cho‘nqaydi. Bir hovuch suv olib yuzidan to‘kib tushirdi va ohistagina yo‘lak tomong‘a qarab olg‘andan keyin suvning oqishig‘a ko‘zini tikdi. Kumushning dardini hech kim bilmas, uning xayoliga hech kim tushunmas, magar shu ariq bo‘yi tushungandek, bilgandek... Sirlik ariq bo‘yi unga nimalarnidir so‘zlar, undan nimalarnidir tinglar, bunga chetdan hech kim voqif bo‘la olmaydir-da, bo‘lmog‘i ham mumkin emas. Ko‘zlaridan oqqan marvarid tomchilarini shu sirlik ariq suvi bilan yuvdi, bir martabagina yuvdi emas — qaytalab-qaytalab yuvdi. Boyag‘i achchig‘idan bir muncha tinchlanib, ko‘z qizilliqlari ketkan holda bitta-bitta bosib ichkariga qaytdi. O'tkan kunlar — 10. To'y, qizlar majlisi Qutidorning tashqarisig‘a er mehmonlar, ichkarisiga xotin mehmonlar to‘lg‘anlar, ular quyuq, suyuq oshlar, holva, nisholdalar bilan izzatlanadirlar. Tashqarida bir qo‘sha sozandalar dutor, tanbur, g‘ijjak, rubob, nay va amsoli sozlar bilan dunyoga jon suvi sepib shaharning mashhur hofizlari ashula aytadirlar. To‘y juda ham ruhlik... Ichkarida xotinlar majlisi: onalarcha aytkanda, ular qum-tuproqdek ko‘b, biroq majlisning borishida tartib yo‘q, havli yuzi va uylar xotinlar bilan to‘lg‘an, qaysi havli yuzida bir tovoq oshni yeb o‘lturadir, kim yig‘lag‘an bolasini ovitish bilan ovora, birav yor-yor o‘qub, tag‘in bittasining quvonchi ichiga sig‘may xaxolab dunyoni buzadi, xullas bag‘-bug‘ yetti qat ko‘kdan oshadir... Oftob oyim qayg‘uliroq, tusi bir oz siniqqansumon... Mehmon kutib charchag‘anidanmi, nimadan bo‘lsa ham juda kalavlagan, ba’zan qiladirg‘an ishidan ham yanglishib ketkani, masalan, uyga kirmakchi bo‘lib tavanxo-naga kirib qolg‘ani ko‘riladir. To‘yga kelgan xotinlarning «To‘ylar muborak, kuyav o‘g‘ul muborak!» deb so‘rashlarig‘a ham ishonchsiz bir ohangda «Qutlug‘ bo‘lsin», deydir. Oftob oyim donxonaning eshigidan turib xotinlar orasidan kimnidir o‘z yonig‘a chaqirdi. Yoshi ellidan oshqan, kulgusi ichiga to‘lib toshqan bir xotinni duvurdanchiqib, o‘ziga qarab yurganini ko‘rgandan keyin donxonag‘a kirdi. Xotin ham ichkariga kirgach, Oftob oyim eshikni qiya bekladi-da, qayg‘uliq bir boqish bilan xoting‘a qaradi. — Nega qayg‘uliq ko‘rinasan, Oftob? Oftob oyim uzoq tin olib eshikka qaradi va yarim tovush bilan: — Shu choqda ichimga charog‘ yoqsalar ham yorimaydirda, egachi, — dedi va ko‘ziga jiq yosh oldi. — Nega? — Qizim to‘g‘risidan... — Qizingga nima bo‘ldi? — Unashilg‘anig‘a bu kun yettinchi kun, — dedi Oftob oyim, — shundan beri Kumushingiz tun ham yig‘laydi, kun ham, sababini so‘rasam sira javob bermaydir-da, do‘lonadek ko‘z yoshisini oqiza beradir. Bu kun tag‘in yig‘isi oshib tushdi. Haytovur yalinib, yalpog‘lanib arang hammomga yubordiq. Xotin Oftob oyimning bu gapidan hayron bo‘ldi va o‘ylab so‘radi: — Nimabalo, kuyaving ko‘rksizmi? — O‘zim ko‘rmadim, — dedi Oftob oyim, — ammo ko‘rguchilarning so‘zlariga qarag‘anda o‘xshashsiz ko‘rkam, tengsiz aqlli bir yigit emish... Otasining o‘zi yigitni yaxshi ko‘rib kuyav qilg‘an edi. — Kumushning o‘zi yigit to‘g‘risidan hech narsa bilmaydirmi? — Biladir, — dedi oyim, uning oldida biz jo‘rttaga kuyavni maxtashamiz, lekin bu maxtovlarni eshitgusi kelmay, qaytag‘a yig‘isinig‘ina ortdiradir. Xotinning ham bu gapdan hayrati ortdi va bundan qanday sir borlig‘iga aqli yetmadi. Oftob oyimni yupatish uchun o‘tkan-ketkandan va boshda yig‘lab erga tekkan qizlarning chimildiqda yigit bilan apoq-chapoq bo‘li-shib ketkanlaridan hikoya qildi: — Qayg‘irma, Oftob, — dedi, — kuyaving bunchalik suluv bo‘lsa, gap-so‘zda tenggi bo‘lmasa, hali chimildiqda qizingning pechak guldek bo‘lib eriga chirmashqanini ko‘rarmiz. — Oh, opajon, — dedi umidsizcha oyim, — manim bunga ko‘nglim chopmaydir. — Chopsin, Oftob. Men bunday yig‘loq qizlarning ko‘pini ko‘rdim, shunday qizlarning uyalmay-suyalmay chimildiqda hatto yigitdan ham ortdirib harakat qilganlarini ham ko‘rdim, sening qizing ham shularning bittasi, qayg‘irma Oftob. — Ilohi shunday bo‘lsin-da. — Bo‘ladi-bo‘ladi, — dedi kulib xotin, — shoshmachi, Oftob. Agar qizing men aytkandek o‘zgarib ketsa menga nima berar eding? — Sizga bosh-oyog‘ kiyim. — So‘zingdan qaytma, Oftob. Pechak guldek bo‘lib eriga chirmashqanini ko‘rarmiz hali, xudo ko‘rsatsa, bor, o‘ynab-kulib mehmonlaringni kut!.. Shundan keyin ikavi donxonadan chiqib xotinlar orasig‘a kirdi. Qizlar majlisi — gullar, lolalar, to‘tilar, qumrilar majlisi! Bu uyda — Kumushbibining tog‘asining uyida qizlar majlisi, gullar majlisi! Bu uyga o‘ttuz-qirq chamaliq qizlar yig‘ilg‘anlar, yig‘ilishdan maqsad: qizlar o‘zlarining eng latif, eng go‘zal bir a’zolarini bu kun xotinliq olamiga uzatmoq-chidirlar. Bu uzatish majlisini jonlik, ruhlik o‘tkazmak uchun barcha qizlar o‘zlarining eng asil, eng nafis kiyimlarini kiyib, favqulodda yasanib, husn olamini yana bir qat, yana bir qayta bejabdirlar. Agar bu uyga kirib, bu majlis a’zolarini bir martaba ko‘zdan kechirsangiz, hozirdanoq aytib qo‘yish mumkin-ki, albatta esingiz chiqib ketar: — Bu gulmi, ko‘hlik? Yo‘q narigisi! Undan ko‘ra bunisi! Barisidan ham o‘ttasi!.. Ana shunday qilib esdan ham ajrarsiz, gul tanlashda bir qarorg‘a kelalmay el ichida kulgiga ham qolursiz, rasvo ham bo‘lursiz. Mana, majlis a’zolari shunaqangg‘i bir-biravidan o‘toq malaklar, parilar edilar. Majlisning shoirlari, o‘yinchilari, childirma va dutorchilari — barchasi ham hozir bo‘lib faqat Kumushbibigina hammomdan qaytmag‘an edi. Shuning uchun majlis ochilmag‘an, ochilsa ham ruhsizroq, Kumush kelgach, majliska ruh kirishiga barcha ishonadir va uni to‘zimsizlanib kutadir. Kimdir, oradan bittasi «kelishdi!» deb yubordi. Barcha qizlar uyning darichasi yonig‘a uymalashib havlig‘a qaradilar. Chindan ham ul yonida ikki yangasi bilan kelgan edi. Shu choqda bizga Otabek kerak edi! Nega desangiz, ul kelsin edi-da, suyganini bir ko‘rsin edi: hammom bilan ul... faqat jong‘ina so‘raydir, majruh ko‘kslarga o‘qqina otadir... Boshdag‘i oq shohi ro‘ymol, ichdagi oq shohi ko‘ynak, ustdagi oq kumush zarrin siril-gan po‘stin, baqbaqalarni o‘rab o‘pib turg‘an yoqa qunduzlarining kelishkani, solinib tushkan qora jinggila sochlarning bo‘yin tevaragiga chirmashqani, xom nuqra yuzlarning bo‘g‘riqqani... Yangalar Kumushni havlidan turib qizlarg‘a topshirdilar: — Mana Kumushbibi — sizlarga, qizlar! Kumushning ko‘nglini yaxshilab ochinglar, qizlar! Ikki-uch qiz chopib havlig‘a tushdilar-da, Kumushbibidan paranjini olib uyga boshladilar. Yangalar Kumushni qizlarg‘a topshirib ketdilar. Havli er va xotindan bo‘sh, yolg‘iz qizlarg‘agina xoslanib qoldi. Kumushbibi boshlag‘uchi qizlar bilan uyga kirdi, undan ongqan atir islari bilan uy to‘ldi. Qizlar o‘zlari-ning bir turlikkina so‘zlashishlari bilan Kumush ila ko‘risha boshladilar: — Esonmisiz, sarupolar muborak? Kumushbibining qizlarg‘a bergan javobi eshitilar-eshitilmaslik edi: — Qutlug‘... Kumushbibi uyning to‘riga o‘tquzildi. Qizlar uyning tevaragiga o‘lturishib olg‘andan keyin orag‘a nima uchundir bir jimjitlik kirdi. Qizlar ma’nolik qilib yer ostidan Kumushka qaraydirlar. Majlisda bir xil ma’yusi-yat. Qizlar nimani o‘ylaydirlar va nima to‘g‘risida ma’yuslanadirlar, bu ersa qizlarning bizga noma’lum bo‘lg‘an ichki sirlaridir. Qizlar ipka chizilg‘an guldek uy tevaragini olg‘anlar, buning ustiga yovoshliq, o‘ychanliq ularning tuslariga ma’naviy bir husn va jiddiyat berib, birga yuz husn qo‘shqan edi. Agar biz shu kezda zarshunosliq uchun yeng shimarsak, ya’ni gulni guldan ajratadurg‘an bo‘lsaq boyag‘idek esankirab, mutaraddid qolmaymiz, chunki Kumushbibi lolalar isidagi bir gul va yo yulduzlar orasidag‘i to‘lg‘an oy edi. Orada hamon boyag‘i jimjitlik hukm surar edi. Har bir majlisning jonlandirg‘uchi, idora qilg‘uchi bir-ikki qahramoni bor bo‘lganidek, bu qizlar majlisi ham shunday qahramonlardan holi emas edi. Majlisni bunchalik ruhsizlanib, ma’yusiyat ichida qolishig‘a Gulsinbibi chidab turolmadi: — Biz nima uchun yig‘ildiq-da, nimaga yer chizishib o‘lturamiz! — dedi. — Biz bu yerga aza ochqali keldikmi? Gulsinning yonig‘a Xonimbibi qo‘shilishdi: — Ko‘b o‘ylashmang, o‘rtoqlar! — dedi, — baribir bu gap hammamizning ham boshimizda bor! Tur Savra! Havlig‘a olov yoqib childirmangni qizit! Anorgul, sen dutoringni ol! Kumushbibi, siz uncha xayol surmang kulib o‘lturing. Baribir ertaga joysiz chekkan qayg‘in-gizdan o‘kinarsiz! — dedi-da, majlisni ost-ust kuldirib yubordi. Kumushbibi ham ixtiyorlik, ixtiyorsiz bu kulgulikka tortilib, uning yovoshqina iljayishidan yoqutdek lablari ostidagi sadaf kabi oq tishlari bir oz ko‘rinib qo‘ydilar. Shu gapdan keyin majliska kutilmagan bir ruh kirdi. Anorgulning qo‘lidag‘i dutor «O‘rtoqlar» kuyini tanlarga larza berib, tarona qildi. Xonimbibi qizlarg‘a qistatib o‘lturmay o‘rnidan sakrab turdi-da, o‘ynab ham ketdi. Dutor yonig‘a childirmaning chertmagi kelib qo‘shilg‘andan keyin bazm tag‘in ham jonlandi. Chapaklar ham ko‘tarildi. O‘yin qizib borar edi, uning daricha eshiklari beklanib toqchalarg‘a sham’ yoqil-g‘andan so‘ng, bazmning ruhi yana oshdi. Yel bilan o‘ynashib yong‘an sham’ nuri qizlarni allaqanday ajib holatka qo‘ymoqda, majlis ersa «Alif laylo» hikoyala-ridagi «parilar» bazmini xotirlatmoqda edi. Dutor «Ifor» kuyini chalib, childirma ham nozik yo‘l bilan unga qo‘shilisha bordi. O‘yin ham bir turlik nazokat kasb etib, Gulsinbibi yo‘rg‘alay ketdi. Dutor ko‘ngilning allaqanday ingichka joyini qitiqlaydir, childirma yurakni nimagadir oshiqdirib, Gulsin qizning yo‘rg‘alashi borliq a’zoni zirillatadir. Bazm juda qiziq, juda ko‘ngillik edi. Kumushbibini ham bu qiziq bazmdan boshqalardek hissa oladir, so‘yinib quvonadir, deb o‘ylanmasin, chunki vujudi qizlar bazmi ichida bo‘lsa ham xayoli allaqa-yoqlarda uchib yurgandek, ko‘zlari o‘ynag‘uchi qizlarda bo‘lsa ham, ammo haqiqatda boshqa bir narsani ko‘rgandek... Ko‘rinishdan natija chiqarib aytkanda, bu qiziq majlis uning uchun bazm o‘rnini emas, aza joyini tutqandek... Ikki soatlik qiziq bir bazmdan so‘ng qizlar charchadilar-da, o‘yinni to‘xtatdilar. Gulsin bilan Xonimbibi endi dutor bilan qo‘shiqqa o‘lturdilar. Gulsin o‘zining qo‘ng‘uroqdek tovshi bilan «Yig‘larman» kuyidan boshladi: O‘rtoqlarim, qo‘lg‘a olsam torimni, Beixtiyor yodlaydirman yorimni! Ikkinchi qaytarib aytishda unga Xonimbibi qo‘shilishdi. Bir turlik, bir ohanglik nafis, musiqaviy tovushlar kishining borliq vujudiga, qon tomirlarig‘a ajoyib bir o‘zgarish bergan edilar. Shu choqqacha mo‘ltayib, xayol ichida sho‘ng‘ib o‘lturg‘an Kumushbibi bir seskandi-da, qo‘shiqchi qizlarg‘a qaradi. Qizlar ikkinchi baytka o‘tdilar: Bir ko‘rinib yag‘mo qilg‘an ko‘nglimni, Qaytib yana ko‘ralmadim norimni! Shu vaqt kutilmagan joyda Kumushning ikki ko‘zi jiq yoshga to‘lg‘an edi. Uchunchiga o‘tdilar: Agar ko‘rsam edi yana yorimni, Bag‘ishlardim hama yo‘qu borimni! To‘rtinchi: Bilurmikin, bilmasmikin u zolim: Kunlar-tunlar tortqan ohu zorimni! Kumush toqatsizlang‘an edi... Beshinchi: Chindin ayting o‘rtoqlarim menga siz, Qayta boshdan ko‘rarmanmi yorimni? Keyingi: Ketdi toqat, ketdi sabrim... ketdilar... Sindirarman urib yerga torimni! Bu keyingi baytka quloq solg‘uchi qolmadi. Chunki yonidagi qizg‘a osilib yig‘lay boshlag‘an Kumushbibiga har kim taajjubda, har kimning ko‘zi, qulog‘i shunda edi. — Nima bo‘ldi, Kumush? — Nega yig‘laysiz, Kumush opa? — Birar joying og‘riydirmi, Kumush? Kumushbibi o‘z ustiga duv yig‘ilg‘an qizlarga ko‘zini ochib qaradi-da, hushyor tortqanlardek bir harakat qilib qo‘ydi va tez-tez cho‘ntagidan ro‘ymolini olib ko‘zyoshisini quritdi. — Nega yig‘lading-a? Bu savolni berguchi Gulsinga Kumush kuch bilan iljayib qaradi-da: — O‘zim... — dedi. — Voy sho‘rginangga sho‘rva to‘kilsin, Kumush! — dedi Gulsin, — men shunday erni topib teksam boshim ko‘kka yetar edi! Gulsinning gapiga qizlar kulishdilar. Kumush juda xafa ko‘ringanlikdan uning ko‘nglini ochmoqqa to‘g‘ri kelar edi. Shuning uchun boshqa o‘yinlarni qo‘yaturib majlisning eng qiziq tarafi bo‘lib sanalg‘an lapar aytishka ko‘chdilar. Gulsin kuyav ro‘lini o‘ynar, Xonimbibi Kumush ro‘lida, ikkisining bir-birisiga qarab o‘qishqan laparlari barchani kuldirib, ichaklarni uzar darajada. Biroq Kumushning tishining oqini ko‘rish juda qiyin, uning hamma ishi faqat mungg‘ayib xayollanishqina... Qizlarg‘a to‘yxonadan oshlar, tavanlar kelib tortildi. Oshdan keyin yangalar kelib, qizlardan Kumushni so‘radilar. Qizlarning, «Yo‘q, biz Kumushbibini sizlarga bermaymiz!» deb o‘ynab aytkan so‘zlari Kumushbibiga chindek bo‘lib eshitilar, yangalar bilan uydan chiqar ekan, ko‘mak so‘rag‘andek qizlarg‘a termulib qarar edi. Shu yo‘sun qizlar o‘zlarining bir o‘rtoqlarini xotinliq dunyosiga uzatib, majlisdan tarqalishdilar. O'tkan kunlar — 11. Kutilmagan baxt Kumushbibidan vakolat olish ham juda qiyin bo‘ldi. Domlaning: Sizkim Kumushbibi Mirzakarim qizi, o‘zingizni toshkandlik, musulmon Otabek Yusufbek hoji o‘g‘liga bag‘ishlamoq vakolatini amakingiz Muham-madrahim Yo‘ldosh o‘g‘liga topshirdingizmi? degan so‘rog‘i olti, yetti qaytarilg‘andan keyin, shunda ham yangalar qistog‘i ostida arang uning rizolig‘i olindi. Kechki soat beshlarda qutidorning havlisi to‘rt ko‘z bilan kuyav kelishini kutadir. Kuyav uchun palovlar, quyuq-suyuq oshlar, necha turlik ne’matlar hozirlanib, bular ham kuyavning intizorida turadirlar. Nihoyat, soat besh yarimlarda kuyav keldi. Yigirma-o‘ttiz chog‘liq yosh yigitlar — Rahmatning o‘rtoqlari, ular orasida Otabek — kuyav ko‘rindi: boshida simobi shohi salla, ustidan qora movut sirilgan sovsar po‘stin, ichida o‘zi-ning Shamayda tiktirgani osmoni rang movut kamzul, movut shim: oyog‘ida qalapoy afzali, belida Kumushbibining usta qo‘li bilan tikilgan shohi qiyig‘... Yuzlar qizil, og‘iz irpaygan, ko‘zlar o‘ynab allakimni qidiradir. Oshlarini yeb bo‘lsalar ham jo‘rttaga kuyav ko‘rish uchun o‘lturg‘an mahalla kishilari bir-birlarini turtishib: «Tuzuk-tuzuk, kuyavlikka arzigundek, chakki chakkiga tushmapti, olmayu-anor» deyishdilar. Tomda kuyav kutib o‘lturg‘an xotinlar ichidan Oftob oyimning egachisi oshiqib singlisi yonig‘a tushdi-da: «Oftob, darrav isiriq hozirla, kuyavingni yomon ko‘zdan o‘zi asrasin!» dedi. Qutidor eshik ostida qo‘l qovishtirib mehmonlarni kutib oladir, yer ostidan kuyaviga ko‘z qirini tashlab, kishiga sezdirmay o‘zicha kulimsirab qo‘yadir. Mehmonxona ayvonida oq soqolliq, ko‘rkam siymo va og‘ir tabi’atlik domla bilan Ziyo shohichi, Hasanali, qiz vakili va tag‘in bir necha kishilar o‘ltu-radilar. Yigitlar kuyavni domlalar qarshisig‘a kelturib to‘xtatqandan keyin Otabek vakili bo‘lg‘an Ziyo shohichi bilan Kumush qiz vakili Muhammadrahim oralarida mahr masalasi ochiladir. Ko‘b tortishqandan so‘ng quyidag‘i mablag‘lar mahr qilib belgulanadirlar: uch yuz oltin pul, mundan keyin olib berish va’dasi bilan Marg‘ilondan o‘radek bir havli, sog‘ish uchun sigir, as-bobi ro‘zgor... Bunga Otabek ham o‘z rizolig‘ini bildiradir. Domla xutba boshlaydir. Forsiycha o‘qulg‘an hamd, salovot va boshqalardan so‘ng xutba eng nozik bir o‘ringa kelib to‘xtaydir: «Sizkim Otabek Yusufbek hoji o‘g‘li Kumushbibi Mirzakarim qizini o‘zingizga shar’iy xotinliqqa qabul qilasizmi?» — fors tilida so‘ralg‘an bu savol Otabeknnig kulgusini qistatib, ko‘nglidan kechi-radir: — Qabul qilasizmi-ya? Ul birinchi so‘roqdayoq — «uchib, qo‘nib qabul qi-lamiz» deb javob bermakchi bo‘lsa ham biroq xalq-ning— «o‘lib turg‘an ekan» deb qiladigan ta’nasidan cho‘chib, javob bermaydir. Yana bir qayta yuqoridagi «siz kim falonchi...» jumlasi domla tarafidan takrorlanadir. Kuyavlarga uchunchi so‘roqda javob berish odat hukmida bo‘lsa ham, Otabek bu takallufka chidalmaydir. Go‘yo uchinchi so‘roq o‘rnig‘a «Endi olmas ekansiz Kumushbibini...» deb majlis buziladirg‘andek seziladir-da, hamma tovshini qo‘yib, barchag‘a eshitdirib «Qabul qildik!» deb yuboradir. Domla alhamdulilloh, alhamdulilloh... bilan nikoh-ni tugatib majlis tomonidan kelin bilan kuyavning haqlarig‘a duo boshlanadir, hamma duog‘a qo‘l ko‘tarib, hatto tomdag‘i tomoshachi xotinlarg‘acha «omin»ga ko‘maklashadirlar va shundan keyin nikoh majlisi yopiladir. Yigitlar kuyavni mehmonxonag‘a olib kiradirlar, ziyofat boshlanadir. Otabekda bir daqiqag‘a bo‘lsin to‘zim bo‘lmag‘an bir vaqtda bir necha soatlarga qarab cho‘zilg‘an bu tomoq majlisi bilan albatta ul yaxshi chiqisha olmaydir. Xuftanga yaqin bana’ji bir ishtiho bilan yeyilib bo‘shatilg‘an lagan, tovoqlar olinib dasturxonlar yig‘ildi. Bizningcha bir yarim soat, Otabekcha allaqancha yil hisoblangan bir fursat o‘tib, nihoyat, yangalar kuyav so‘radilar. Ikki yoshg‘a muhabbatlik umr so‘rab fotiha o‘qilg‘andan so‘ng Otabek ichkariga uzatildi. Hasanali mehmonxona ayvonida bekni kutib turar edi: — Endi kuyavlik muborak bo‘lsin, begim? — Qutlug‘ bo‘lsin. Hasanali boshdan-oyoq bekni kuzatdi, otaliq muhab-bati bilan bekning orqasini siladi va yoshli ko‘zlari bilan duo qilib unga ruxsat berdi. Otabek yangalar kutib turg‘an tarafka yurdi. Ul hozir qiziq holatda edi: bu nima gap, tushimi, o‘ngimi, nima gaplar o‘tib, nimalar bo‘lmoqda, bo‘lib turg‘an ish haqiqatmi? Biz ichkariga kiramiz: havlining ikki tomoni to Kumushbibining uyigacha qator kuyav kutkan xotinlar, bola-chaqalar bilan to‘lg‘an. Ba’zan kutkuchi xotinlar-ning qo‘lida yonib turg‘an sham’, kuyav tushadirgan uy to‘y mollari bilan juda ham bejalgan. Yuqorida yozilib o‘tilgan qutidor uyining aksar jihozlari shu uyga, Kumush qiz uyiga ko‘chirilgan. Bir bulargina emas xotin-qizlar qo‘li bilan chatib ishlangan turlik ziynat chodirlari bilan ham bejalgan, shipda katta qandil, qandilda o‘ttuzlab sham’lar yonib uyni sirlik bir holatka qo‘yadirlar. Burchakda qizlar majlisida ko‘rilgan oq kiyim-lar bilan Kumushbibi turadir... Uning husni bejalgan uyning oqlari, ko‘klari, sariqlari va qizillari bilan tovlanib xayoliy bir siymoda... Ko‘z yoshlarini oquzib yangasi-ning so‘ziga quloq osmaydir. Tashqaridan eshitilgan «kuyav! kuyav!» so‘zi bilan tag‘in ham uning ko‘z yoshisi ko‘payib tusi ham o‘zgardi. Yangasi Kumushni shu holda qoldirib o‘zi yugirganicha eshikka chiqdi. Kuyav kelar edi: ikki tomonni sirib olg‘an xotin-qizlar o‘rtasidan Otabek kelar edi. Uning ketidan Oftob oyimning egachisi isiriq tutatar edi. Xotinlar qo‘llarida sham’ bilan unga qarar va kuzatib qolur edilar. Kuyav uyning yonig‘a yetdi. Uning yuzi uyatidan juda qizarg‘an, qochqali joy topolmas edi. Shu kezda uyning eshigi ochildi-da, yanga tomonidan qarshilandi. — Kiringiz, bek. Otabekning yurak urishi ehtimol yangasiga ham eshitilar edi... Otabek uyga kirgandan keyin yangasi tashqari chiqib, eshikni o‘zi ko‘rarlik qiya qilib yopdi... Uyning to‘rida yonini Otabekka berib ro‘ymolining uchini tugibmi, yirtibmi Kumushbibi turadir va kim keldi, deb yonig‘a qaramaydir. Ro‘ymol tugish bilan mashg‘ul latif qo‘llarni chet qo‘l kelib siqdi: — Jonim! Kumushbibi begona qo‘ldan seskandi va qo‘llarini qutqazmoqqa tirishib: — Ushlamangiz, — dedi ham siquvchi qo‘ldan quti-lish uchun orqag‘a tislandi. Titrag‘an va qovjirag‘an bir tovushda: — Nega qochasiz? Nega qaramaysiz? — dedi bek. Kumushbibi shu choqg‘acha qaramag‘an va qarashni ham tilamagan edi. Majburiyat ostida, yov qarashi bilan sekingina dushmaniga qaradi... Shu qarashda bir muncha vaqt qotib qoldi. Shundan keyin bir necha qadam bosib Otabekning pinjiga yaqin keldi va esankiragan, hayajonlang‘an bir tovush bilan so‘radi: — Siz o‘shami? — Men o‘sha, — dedi bek. Ikkisi ham bir-birisiga beixtiyor termulishib qoldilar. Kumushbibi og‘ir tin olib: — Ko‘zlarimga ishonmayman, — dedi. Otabek ko‘zlarini to‘ldirib qarab: — Men ham, — dedi. Shu vaqt ikki lab o‘z-o‘zidan bir-birisiga qovishdi... Kichkina nozik qo‘llar yelka ustiga, kuchlik qo‘llar qo‘ltiq ostig‘a yopishtilar. Kumushbibi Otabekning yuziga uzoq tikilib turdi-da: — Kutilmagan bir baxt, — dedi va o‘zining otidek bir narsaning tovshi kabi qilib kulib yubordi. Bu kulish havlilargacha eshitildi. Qiya ochilib turg‘an uy eshigi ham qattiqqina beklandi. Kumushbibi Otabekning qo‘lidan ushlab quyida yozib qo‘yilgan dasturxon yonig‘a boshladi: — Siz bo‘lg‘anlig‘ingizni ilgaridan bilganimda boshqacha qarshilar edim, — dedi. — Boshqa deb o‘yladingizmi? — O‘ylash qayerda, siz bo‘lursiz, deb ko‘nglimga ham kelmagan edi, — dedi-da, tag‘in kulib yubordi. Dasturxon yonida Kumushbibining latif bilagiga Otabek oltin uzuk solur ekan, ul yerga qarag‘an holda edi. — Men sizga hech narsa ham hozirlamag‘an edim... — Hozirlamag‘aningiz uchun o‘kinasizmi? — ... — O‘kinmangiz, — dedi bek, — sizdan bir narsani so‘rasam ayamassiz? — Ayamayman. Otabek Kumushbibining lablari ustidagi qora xolig‘a ishorat qilib: — Shu yerdan bir o‘pish bersangiz, siz ham katta esdalik hozirlag‘an bo‘lur edingiz, — dedi. Kumushbibi qizarindi. Otabek Marg‘ilon kelganning ikkinchi kuni poyafzal bozorida bo‘lg‘an edi. Asr namozning vaqti o‘tib borg‘anliqdan ul shundagi do‘kondorlarning birisidan tahorat olish uchun suv so‘radi. Ko‘chadagi suv ariqning tegidan sayoz oqar, shuning uchun undan foydalanish qulay emas edi. Do‘kondor unga suvning qulay o‘rnini ko‘rsatdi: «Mana shu burchakdagi darbozadan ichkariga kirsangiz, ariqning yuza joyini topib tahorat olursiz», dedi. Otabek do‘kondorning ko‘rsatishicha qutidorning tashqarisig‘a kirdi. Shu vaqt tasodufan nima yumish bilandir mehmonxonadan chiqib kelguchi farishtaga ko‘zi tushdi. Kumush ham ariq yoqasig‘a kelib to‘xtag‘an chingilin yigitka beixtiyor qarab qoldi. Ixtiyoriy emas, g‘ayri ixtiyoriy ikkisi ham bir-birisidan bir muncha vaqt ko‘z ololmadilar. Oxirda Kumush nimadandir cho‘chig‘andek bo‘ldi, yengilgina bir harakat bilan o‘zini ichkari yo‘lak tomong‘a burdi. Bu burilishdan uning orqa-o‘ngini tutib yotqan qirq kokillari to‘lqinlandilar. Kumush ichkariga qarab chopar ekan, yo‘l ustidan ariq-bo‘yida qotib turg‘an yigitka yana bir qarab qo‘ydi va bu qarashda unga yengilgina bir tabassum ham hadya qildi... Kumush ichkariga kirib ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi, lekin Otabek yana bir necha daqiqa yerga mixlangandek qotib turdi... Oxirda ko‘zini katta ochib o‘tkan daqiqada uchrashkani xayoliy go‘zalni istab xayol-landi. Biroq haqiqat boshqacha edi. Tahorat olmoq uchun ariq bo‘yig‘a o‘lturdi. Ammo ko‘zi xayol yashi-ring‘an yo‘lakda edi. Tahoratlanib bo‘ldi, yana ko‘zini o‘sha tarafdan uzolmadi. Artinib olg‘andan keyin yana oyog‘ ustida to‘xtab qoldi. Yashiring‘an go‘zal ikkinchi qayta ko‘rinmadi, ehtimolki, Otabekni ipsiz bog‘lab, o‘zi qaysi burchakdan bo‘lsa ham asirini tamosha qilar edi. Ko‘b kutdi, asr namozini qazo qilib kuch bilan qutidor uyidan chiqdi va shu daqiqadan boshlab unda muhabbat mojarosi tug‘ilg‘an edikim, bu yog‘i o‘qug‘uchimizga ma’lumdir. Kumushbibining yuqorida «Siz o‘shami!» deb so‘rashi shunga binoan bo‘lib, ammo unga masalaning onglashilmay qolishi va chin baxtni bil’aks kutib olinishi qiziq edi. Shunday qilib ikki yoshning birinchi ham sof muhabbatlari qovishish bilan natijalandi. O'tkan kunlar — 12. Chaqimchiliq — Bu kun yetti kun... Otabek qutidorning qizig‘a uylandi. Ul bu xabarni Qo‘qondan qaytishda eshitkan edi. O‘zining qiyofasiga yarasha qo‘rqunch yo‘llar izlar ekan, quloqlari tegida «...qizig‘a uylandi» jumlasi takrorlanib turg‘andek bo‘lar edi. Uning Qo‘qondan qaytishi ikkala xotini uchun ham ulug‘ bir falokat bo‘ldi. Chunki arzimagan bir sabab bilan ikkalasi ham yaxshig‘ina tayoq yeb oldi. Shuning uchun ikki kundash uning oldig‘a kirishdan qo‘rqib, yana to‘g‘risi — uning sovuq aftini ko‘rishdan jirkanib havlining chet-chetida yurarlar, ikki kundash bilittifoq unga o‘lim so‘rarlar: «Qo‘qonda o‘lsa, o‘ligini itlar yesa biz achinarmi edi», deyarlar edi. Ul o‘lturgan ko‘yi nima to‘g‘risida bo‘lsa ham juda bosh og‘ritib o‘ylar edi. Shu choqda uning tusidan yirtqichliq, bir gunohsizning ustiga hujumga hozirlang‘an vahshiylik belgulari ko‘rilur edi. Har holda ul yaxshiliqqa emas, qandog‘ ham bo‘lsa bir vahshiylikka yo‘llar, rejalar izlar edi. Oxiri uning yuzida istehzolik bir iljayish ko‘rildi-da, bir narsaga qaror qo‘yg‘andek bir harakat yasadi va o‘rnidan sakrab turib qoziqdag‘i kirlab ketkan sallasini qo‘lig‘a oldi va havliga chiqdi. Tashqarisida besh do‘konlab ish to‘qib turg‘an xalfa shogirdlariga ba’zi ta’limotlarni bergach, bir ulug‘ darboza orqaliq ko‘chaga yurdi. O‘ralib bitmagan sallasini tuzata-tuzata tor, kirdi-chiqdilik ko‘chalar bilan shaharning kunbotar tomonig‘a, beklar mahallasiga qarab ketdi. Beklar mahallasining boshlanishida, janubga qaratib qurilg‘an ulug‘ bir darbozaning yonida ikki nafar miltiq va qilichlik yigit so‘zlashib turar edilar. Bularning yonig‘a bizga ma’lum kishi kelib to‘xtadi va ulardan so‘radi: — Bek uydamilar? So‘zning beliga tepkani uchun yigitning birisi o‘shshayib so‘rag‘uchig‘a qaradi, ikkinchisi qo‘llari ora-sidag‘i miltig‘i bilan ichkariga ishorat qilib javob berdi: — Bor! Darbozadan ichkariga kirilgach, saroy kabi bir havli, ayvonda o‘n beshka yaqin yarog‘liq yigitlar to‘nkalardan gulxan solib, isinib o‘lturmakda edilar. Ul to‘rdagi ayvon orqaliq yuriladirgan uyning eshigida turg‘uchi yigit og‘asining yonig‘a bordi va qo‘rboshi bilan uchrashmak orzusida bo‘lg‘anlig‘ini aytib undan kirishka ijozat so‘radi. Yigit og‘asining rahbarligi bilan ichkariga kirdi: boshig‘a ko‘k salla chulg‘ag‘an, egniga O‘ratepaning bosmasidan chakman, beliga kumush kamar bog‘lab kumush qinlik qilichini tizasiga bosqan, qora tanlik bo‘lsa ham ko‘knorimi, taryakmi iste’molidan yuzi sarg‘ayg‘an qirq-elli yoshlar chamaliq bir kishi yorliqsumon bir yozuvni o‘qub o‘lturmoqda edi. Qo‘rboshi kelguchining salomiga e’tiborsizg‘ina javoblang‘an bo‘ldi-da, ruhsiz bir tovush bilan: — Nima qilib yuribsiz? — deb so‘radi. — Taqsir, sizga arz bor. Yigit og‘asi kelguchini qoldirib chiqdi. Kelguchi eshik yonida oyog‘ ustida qo‘l bog‘lab turar edi. — Qanday arzing bor? — Taqsir... ijozat bersangiz o‘ltursam... — Xo‘b, o‘ltur. Kelguchi ko‘p tutulib tusi o‘ngg‘an gilam ustidan yurib borib, qo‘rboshi qarshisig‘a tavozi’ bilan o‘lturdi. Qo‘rboshi qo‘lidag‘i yozuvni buklab qo‘ynig‘a tiqdi-da, kelguchini yer ostidan kuzatdi: — Qayerliksan? — Taqsir... shu yerlik, marg‘ilonlik. — Oting nima? — Taqsir... Homid. — Nima kasb qilasan? — Ustakorlik. — Yaxshi, arzingni gapir? Homid o‘zining tovshig‘a yasama bir ohang berib arzini boshladi. — Janobi padari arus shahanshohi Musulmonqul bahodir zamoni adolatlarida ham, — dedi Homid, — qora choponliqlar hanuz tinch yotmay yurtni qipchoq og‘alarig‘a qarshi oyog‘landirmoqchi bo‘ladirlar, ishni yana tadbirsiz qora choponlar qo‘lig‘a olib mamlakatni buzg‘unliqqa solmoqchi bo‘ladirlar... Biz bunday buzu-qilar yolg‘iz Toshkanddagi Azizbek bilan uning yo‘lboshchisi bo‘lg‘an Yusufbek hoji, deb bilgan edik. Biroq ularning urug‘i bizning Marg‘ilong‘a ham sochilg‘an ekan. Qo‘rboshining ko‘zi ola-kula keldi: — Nima deysan? U kim ekan Marg‘ilonda?! — Bittasi mashhur buzuqi toshkandlik Yusufbekning hozirda Marg‘ilonda turg‘uchi o‘g‘li — Otabek ismlik bir yigit, ikkinchisi uning hammaslaki va qayin otasi bo‘lg‘an Mirzakarim qutidor. — Hali-ya? — Shundog‘, taqsir. — Sen bu gapni qayog‘dan bilding? — Shu kunlarda ularning bir majlislarida bo‘lg‘an edim, taqsir... — Xo‘sh, xo‘sh, majlisda? — Majlisda ko‘b gaplar o‘tdi, taqsir, — dedi Homid,— majlisning boshlug‘i bo‘lg‘an Otabek qipchoqlarning zulm va ta’addisini, qipchoqlaridan ishni olmoq uchun Toshkandda Azizbek va o‘z otasi boshliq bilfe’l ish boshlag‘anlarini so‘zlab, Marg‘ilonning ham mundan so‘ng oyoqqa qalqishi kerakligini aytdi... Majlis ahli, ayniqsa Mirzakarim uning so‘zini kuchlab tushdi. Agar bu ishning oldini olinmasa, hukumat va mamlakat uchun natija qo‘rqunchdir, taqsir. — Majlis kimnikida edi? Homid tarafidan kutilmagan bir savol. Homid o‘ziga berilgan bu savol qarshisida taraddudlanib qoldi. Chunki majlis o‘rnini aytsa pochchasi bilan jiyani Rahmatning ham qo‘lg‘a tushishlari aniq va buning bilan ul o‘z oyog‘iga bolta qo‘ygan bo‘lar edi. Shu mulohaza yuzasidan ul tutiliqdi: — Majlis o‘rni yodimda yo‘q, taqsir. Mantiqsiz bu javobga qarshi qo‘rboshi achchig‘i bilan baqirdi: — Yodimda yo‘q?! Homid garangsidi va bir xil siniq tovushda: — Esimda bo‘lsa ham nozik bir joy edi, taqsir, — dedi. — Nozik bir joy edimi! — deb qo‘rboshi zaharxanda qildi. — Agar aytmasang o‘sha muttahamlar tiqiladir-g‘an chuqurg‘a sen ham tashlanasan. — Kechiringiz, taqsir. Qo‘rboshi yirtqichlardek bo‘kirdi: — Kechirish yo‘q! Homid uchun eng keyingi choradan boshqa iloj yo‘q edi — cho‘ntak kavlashka tutindi va yuz mashaqqat bilan yonchig‘ini chiqardi. Yonchiqdan o‘nga yaqin oltinlarni sanoqsizcha olib, qo‘rboshig‘a uzatdi: — Taqsir... sizga atag‘an nazrimiz edi... Homid kavlana boshlag‘andanoq qo‘rboshining ustidan sovuq suv sepilgan edi. Ul oltinlarni yonig‘a solib joylag‘ach, tovush ham eski holiga qaytib, so‘zlar ham muloyim tortdi. — Demak, nozik joy edi, degin Homidboy. — Taqsir... — Badbaxtlar shunday maslahat qildilarmi hali? — Taqsir... Bu ishning oldini olinmasa natija yomon albatta. — Albatta, biz o‘sha buzuqilarning jazolarini berarmiz... Men hozir borib bekka arz qilay, shu kechadan qoldirmay qo‘lg‘a olamiz muttahamlarni, — dedi qo‘rboshi. Homidning chehrasi ochilib ketkan edi. Qo‘rboshi o‘zining imo va ishorasiga o‘tkanlikdan uning ko‘zida o‘ch olish quvonchlari va undan keyingi Homidning o‘ziga ma’lum bo‘lg‘an bir baxt umidlari o‘ynar edilar. Qo‘rboshi tokchadan davot, qalam olib oldig‘a qo‘ydi-da, yozuvg‘a hozirlanib so‘radi: — Ayt-chi, Homidboy, muttahamlar kimlar edi? — Bittasi toshkandlik Yusufbek hojining o‘g‘li — Otabek. Qo‘rboshi yozdi: — Ha-ha! Hali Yusufbek hojining o‘g‘li degin. Bizning Marg‘ilonni ham qong‘a botirmoqchi ekan-da, muttahamlar, ikkinchisi? — Shu kunlarda Otabekka qizini bergan marg‘ilonlik Mirzakarim. — Pes-pesni qorong‘ida topqan ekan, uchinchisi? — Otabekning quli — Hasanali. — To‘rtinchisi? Homid bir oz o‘ylab javob berdi: — Bilmadim... Hozir Marg‘ilondami, yo‘qmi, andijonlik Akram hoji. Qo‘rboshi yozdi: — Ish katta ekan, tag‘in? — Endi yo‘q, taqsir, — dedi Homid va so‘ziga shuni ham qo‘shdi, — Otabek bilan Mirzakarim qo‘lg‘a olinsalar ilonning boshi yanchilgan hisoblanib, o‘zgalarning qo‘lidan ish keladirgan odamlar emas, taqsir. Qo‘rboshi yozuvni bitirib qo‘yniga tiqdi — «Bo‘l-masa ish bitdi, ertaga erta bilan mojaroni eshitarsan», — dedi. Homid o‘rnidan turib qo‘rboshig‘a qulliq qilib chiqdi. O'tkan kunlar — 13. Qamoq «Yormozor» mavzi’ida shahar qo‘rg‘onig‘a tiralib so-ling‘an o‘rda. O‘rda darbozasining sahni botmonlab hisoblang‘an mevazor bo‘lib, bunda olma, o‘rik, nok va tut yog‘ochlari xilig‘ina bor edilar. Darbozaning ikki biqinini o‘rab olg‘an loyig‘a gullar, naqshlar tushirilib ishlangan sakkiz gazlar yuksaklikda o‘rda qo‘rg‘oni, darbozaning ikki burjida alachami, bo‘zdanmi uzun choponlar kiyib, boshlarig‘a quloqchin qo‘ndirg‘an, qayish kamar ustidan qilich tiqinib miltiqlarig‘a suyang‘an ikki yigit ko‘rinadirlar — bular navbatchi o‘rda qorovuli, qorong‘i tushishka yaqinlashqanliqdan qiya yopilib turg‘an darbozani kimdir, ichkaridan bittasi zichlab yopdi-da, kuch sarf qilib darbozaning zo‘r zanjirini sharaqshuriq etib bog‘ladi. Hozir bizga o‘rda ichiga kirish mumkin bo‘lmag‘ani uchun qo‘rg‘onning tashqari tegrasida aylanib turayliq: darbozaning so‘l biqinig‘a qarab ikki yuz adim ketsak qo‘rg‘on devori tugalab, burja yetiladir. Qo‘rg‘on burjiga qorovul turish uchun maxsus manora shakilli joy yasalg‘an bo‘lsa ham hozirda navbatchidan xolidir. Shundan keyin bir bo‘shliq yer bilan qo‘rg‘onning janubiga qarab ketiladir. To‘rt yuz adimlab borilg‘ach, qo‘rg‘onning sharqi-janubi burjiga yetilib, bu burjini ham anovisidek qorovulsiz topiladir. Bu burjdan qarag‘an kishiga qo‘rg‘onning g‘arbi-janubi burji ham ko‘rinib, shu yo‘sunda o‘rdaning to‘rt burjini aylanib chiqilsa bir ming olti yuz adim bosilg‘an bo‘lib o‘rda-ning g‘arb tomonidan biz tanishqan o‘rda darbozasig‘a kelinadir. Hozir qorong‘i ham o‘bdan tushkanliqdan kishi-kishini tanimasliq darajada edi. Boyag‘i darboza ustida ko‘ringan qorovullar hamon qora haykal kabi qotib turar edilar. Shahar ichidan o‘rda darbozasig‘a qarab kelmakda bo‘lg‘an bir necha ot oyog‘larini eshitib qorovullardan bittasi — «tuyoq tovshimi?» deb, ikkinchisiga savol tashlab qo‘ydi. Ikkinchi qorovul mo‘ralab-mo‘ralab yo‘lg‘a qaradi: — Uch otliq ko‘rinadir. — Vaqtsiz kelguchi kim ekan? — Bunday vaqtda qo‘rboshidan boshqa kishi kelmas edi, ehtimol, o‘shadir. Darvoqi’, qo‘rboshi o‘zining ikki yigiti bilan yetib keldi va otidan qo‘nib jilovini yigitining qo‘lig‘a berar ekan, qorovullarg‘a buyurdi: — Darbozani ochsinlar! Qorovullar ichkariga xabar bergandan so‘ng darboza ochilib qo‘rboshi ichkariga kirdi. O‘rdaning tevarak masohatini biz chamalab ko‘rgan edik, shuning uchun o‘rdaning qay daraja keng bo‘lishi ham bizga qiyosan ma’lum. Ammo o‘rdaning ko‘proq qismi darboza tomonida qoldirilib, janubka tortilg‘an xatti mustaqim bir devor bilan bo‘lingan edi. Narigi tomon o‘rdaning ichkari qismini tashkil etib, unda bek — hokim oilasi turar edi. O‘rdaning tashqarig‘i qismining uch tarafi (janub, sharq, g‘arb) binosiz, faqat qo‘rg‘on devorlari-ning zinalari edi. Ammo imorat qismi darboza bilan bir qatorda bo‘lib, so‘l biqinida devonxona, uning qatorida bo‘yiga qirq, eniga yigirma olchin joy olg‘an o‘n besh darichalik kattakon chorzari uy, ichida elli chog‘liq bek yigitlari gulxan solib o‘lturar edilar. Bu uyning qatori oshxona, otxona va shuningdek, hojat uylarini tashkil etar edilar. Qo‘rboshi darbozabon yonida to‘xtab, undan so‘radi: — Bek ichkaridamilar? Darbozabon darbozani kuchanib yopar ekan, javob berdi: — Bilmadim, taqsir. O‘rdaning charog‘chisi darboza yaqinidag‘i mash’ala yog‘ochig‘a o‘t berib, butun o‘rda ichi yorib ketdi. Qo‘rboshi darbozaning o‘ng tarafiga qarab yurdi. Bu tomonda nihoyatda ziynatlanib bino qiling‘an oliy imoratlar bo‘lib, shahar ustalarining hamma san’at va mahoratlari shu binolarda gavdalanur edi. Qo‘rboshi bi-rinchi eshik yonida turg‘an yarog‘liq qorovuldan o‘tib, kichikrak, naqshliq bir uyga kirdi. Ikkinchi eshikdan o‘tib, ulug‘ bir zolga chiqdi. Zol juda nafis ishlangan edi: oltin qandildagi ellilab sham’larning nuri bilan munaq-qash devorlarning oltin, kumush, ko‘k-qizil, oq-pushti, sariq-qora gullari yulduzlardek yashnab, uyga bir xa-yoliylik berar edilar. Uyning ostig‘a to‘shalgan qizil lola gullik gilam kishini go‘yo bir chamanda his etdirar edi. Zolning to‘rida, kichkina haldor bir eshikcha yonida, atlas ko‘rpacha ustida o‘n besh yoshlar chamaliq, qizil duxobadan kiyingan ko‘rkam bir o‘g‘lon palov yeb turar edi. Qo‘rboshi eshikdan kirar ekan, o‘g‘long‘a qarab kulimsiradi: — Ha, Ahmadxon, siz shu yerda ekansiz, — dedi. Ahmadxon joyidan qo‘zg‘almadi: — Men hamisha shu yerda, qani, oshg‘a. — Rahmat. Qushbegi ichkaridadirlar? — Ichkaridalar, — dedi Ahmadxon, — men to‘yib qoldim, kelsangiz-chi. — Bo‘lmasa, tabarruk qo‘lingiz bilan bitta oshatsangiz. Ahmadxon qo‘lig‘a siqquncha osh olib qo‘rboshig‘a tutti, qo‘rboshi ixlos bilan Ahmadxonning qo‘lidan oshadi. Ul oshnig‘ina emas, hatto Ahmadxonning qo‘lini ham oshaydirg‘an edi. Ko‘b fursat o‘tmadi. To‘rdagi kichkina eshik ochilib ichkaridan to‘la yuzlik, o‘siq qoshliq, og‘ir qarag‘uchi ko‘zlik, siyrak soqol, o‘rta bo‘yliq, ustidan kimxob to‘n kiyib, beliga qilich osqan qirq besh yoshlar chamasida bir kishi ko‘rindi. Ahmadxon bilan qo‘rboshining o‘rinlaridan turib ta’zim qilishlaridan bu zotning kim ekanligi bilinar edi. Bu kishi kelib atlas ko‘rpacha ustiga o‘lturdi va o‘zining salmoq tovshi bilan: — Qalay, Xoliqbek, — dedi, — yurtlaringiz tinch-likmi, o‘lturing. — Xudog‘a shukur, davlatlari ko‘lankasida, — deb qo‘rboshi tavozi’landi va qo‘l qovushtirib qushbegining yaqinig‘a cho‘kkaladi. Ahmadxon bo‘sh laganni dastur-xoni bilan ko‘tarib qushbegi kirgan eshikdan chiqdi. — Kechagi o‘g‘rilar nima bo‘ldi, qo‘lg‘a tushirdingizmi? — Davlatlari ko‘lankasida... O‘g‘rilardan bittasi tutildi, davlatlari yori bersa qolg‘anlari ham ushlanur, deb o‘ylayman. — Boshqa nima xabarlar bor? Qo‘rboshi yuziga jiddiylik holati berdi: — Davlatlari yori bersa hukumatimiz uchun qo‘rqunch bo‘lg‘an buzuqilar uyasini topqandekman, — dedi. Qushbegi o‘ziga o‘ng‘aysizliq bermakda bo‘lg‘an qilichini tizasiga olib hamon sovuqqonliliq bilan so‘ra-di: — Qanday buzuqilar uyasi? — Qanday buzuqilar uyasi bo‘lsin, taqsir, — dedi qo‘rboshi, — dunyoda qora choponliqlardan ham kuchlirak buzuqilar bo‘ladimi? Qushbegi ko‘tarilinqirab oldi va ko‘zlari bir oz kattaroq ochildi: — Xo‘sh? — Ma’lumingiz, ulardan Azizbek bilan Yusufbek Toshkandda bilfe’l isyon chiqarib yotadirlar. Biroq ular shuning o‘zigagina qoniqmay, Marg‘ilonni ham buzish fikriga tushkanlar va shu maqsadda bu yerga odam ham ko‘ndirganlar. — Odami kim, tanidingizmi? — Tanidim, taqsir, — dedi qo‘rboshi mag‘rur bir ohangda, — Yusufbek hojining o‘g‘li va o‘zimizning Marg‘ilondan ham yana bir necha buzuqilar. — Yusufbek hojining o‘g‘li? — Taqsir... ismi Otabek. Qushbegining ko‘zi yondi... Manglay etlari tirishib, so‘l qo‘l bilan soqolini tutamlab fikrga ketdi. Bu xabar unga boshqacha ta’sir bergan edi: Toshkandning Qo‘qong‘a qarshi isyon qilg‘an bir zamonida, isyonchi-lardan biri ham birinchisi bo‘lib tanilg‘an Yusufbek hojidek bir kimsaning o‘z o‘g‘lini Marg‘ilonga yuborib, bunda ham isyon chiqarish qasdida bo‘lmog‘i uningcha juda yaqin va shubhasiz edi. — Ul hozir qayerda turadir? — Mirzakarim qutidor ismlik bir kishinikida. — Mirzakarim bilan qanday aloqasi bor emish? — Barakalla, taqsir, — dedi qo‘rboshi, — Otabekning Marg‘ilondan topqan eng yaqin kishisi shu qutidordir. Mundan bir necha kun ilgari Otabekka o‘z qizini berib kuyav ham qilibdir. Aytishlaricha, Otabekning barcha rejalari shu qutidor bilan kengashib bo‘lar ekan. — Ularning tevaragiga kimlar yig‘ilg‘an? Qo‘rboshi qo‘ynidag‘i yozuvni olib qushbegiga uzatdi: — Hozircha menga ma’lum bo‘lg‘an buzuqilar shunda. Qushbegi yozuvg‘a ko‘z yugurtirib ro‘yxatdagi kishilarni darhol keltirishga buyurdi. Qo‘rboshi qulliq qilib chiqg‘ach, yana bir qayta yozuvni o‘qub fikrga toldi. O‘tabboy qushbegi hozirgina ichkari o‘rdadan qaytib chiqg‘an edi. Shu orada qo‘rboshi kirib unga qulliq qildi: — Keltirdim, taqsir. Biroq ikkisini topolmadim. Qushbegi chidamsizlik bilan: — Otabekni-chi? — deb so‘radi. Qo‘rboshi muzaffarona javob berdi: — Tutdim, taqsir, qutidorni ham. — Olib kiringiz. Qushbegi tinchlandi, qo‘rboshi dahlizdan tashqarig‘a ishorat berdi va qaytib qushbegiga ruxsat qullig‘i ado qildi va undan izn olib o‘lturdi. Eshikdan ikki qurollik yigit muhofazatida Otabek va qutidor ko‘rinib bekka qulluq qildilar. Qushbegi yarog‘liq yigitlarni qaytishg‘a buyurib, gunohkorlarni yovoshg‘ina qilib o‘z oldig‘a chaqirdi. Otabekda tushunmaslikdan boshqa o‘zgarish sezilmasa ham qutidor juda qo‘rqqan, rangi o‘chkan edi. Ikkisi tenglikda qushbegiga qarshi cho‘kkaladilar. Otabekni ortiqcha bir diqqat bilan ko‘z tegidan o‘tkargach, qushbegi so‘radi: — Otabek degan sizmi? — Taqsir, man. — Toshkandlik Yusufbek hojining o‘g‘lisiz? — Taqsir. — Hozir Marg‘ilonda turasizmi? — Taqsir. — Marg‘ilon kelganingizga ko‘b bo‘ldimi? — Qirq kunlar chamasi. — Marg‘ilonga nima yumish bilan kelgan edingiz? — Savdogarchilik bilan, taqsir. — O‘zingiz yolg‘izmi? — Bir kishim bor edi. Qushbegi qo‘lidagi ro‘yxatka qarab oldi va davom etdi: — Hasanali kim bo‘ladir? Otabekdagi boyag‘i tushunmaslik bir shubhaga alishindi. Ammo parvosizcha javobini beraverdi: — Qulimiz bo‘ladir, Toshkanddan kelgandagi yo‘l-doshim shu siz aytkan Hasanali edi. — Hasanali bu kunda qayerda? — Marg‘ilonda. — Siz bilan birga turadimi? — Yo‘q. Saroyda bir muncha mollarimiz bo‘lar edi, saroyda mollarg‘a qarab turadir. — Bu kishi kimingiz? — Qayin otamiz. — Ko‘bdan berimi? — Bu kun sakkizinchi kun... — Ilgari o‘zingiz uylangan edingizmi? — Yo‘q. — O‘zingiz toshkandlik bo‘laturib nima majburiyat ostida Marg‘ilondan uylandingiz? Bu savoldan Otabek bir oz o‘ng‘aysizlanib to‘xtadi. Ammo bu o‘ng‘aysizlanishdan qushbegining oldida boshqa bir haqiqat ochilg‘andek bo‘ldi: — Javob beringiz. — Taqdir, taqsir. Qushbegi bir oz o‘ylab olib yana savol berdi: — Marg‘ilonda kimlarni taniysiz? — Marg‘ilonda uch-to‘rt kishidan boshqa odamni tanimayman. — Akram hojini tanirsiz? — Taniyman. Uning bilan bir necha majlislarda o‘lturishkan edim. — Bu kunda Akram hoji oshnangiz qayerda? — Bilmadim, taqsir, — dedi va qayin otasig‘a qaradi. Qutidor javob berdi: — Akram hoji bu kunlarda Andijonda bo‘lsa kerak, taqsir. — Xo‘b. Otabek, siz javob beringiz: Akram hoji bilan bo‘lg‘an majlislaringiz kimnikida edi? Otabek bunday so‘roqlarning bekorga emasligini payqab, buning tegida qanday bo‘lsa ham bir gap borli-g‘ig‘a ishondi: — Birinchi majlisimiz mundan bir oy chamasi burun Ziyo aka deganning uyida, ikkinchisi (qutidorg‘a imo qilib) bu kishinikida bo‘lg‘an edi. Shu majlislarda Akram hoji ham bor edi. — Ziyo akanikida bo‘lg‘an majlisingizga kimlar ishtirok qildi? — Men, Ziyo shohichi, bu kishi (qutidor), — dedi va bir oz o‘ylanib oldi, — Ziyo akaning o‘g‘li — Rahmat, Akram hoji, Hasanali, Homid ismlik yana bir kishi. Homid ismini eshitkan qo‘rboshi tasdiq qilg‘andek bir harakat yasab qo‘ydi. Qushbegi qo‘rboshig‘a yer tegidan ko‘z yuborib oldi-da, davom qildi: — Ikkinchi majlisingizda kimlar bo‘ldi? — Ikkinchi majlisimizda boyag‘i kishilargina bo‘ldi. Faqat Homid yo‘q edi. — Boya, Marg‘ilon kelganimga necha kun bo‘ldi, dedingiz? — Qirq kunlar chamasi. — Yaxshi, — dedi qushbegi, — aytingiz-chi, qirq kunlab Marg‘ilonda qolishingizning sababi nima edi? — Ma’lumki, hozir Toshkand qamal (muhosara) holatidadir. Shunday vaqtda Toshkandga qaytish o‘zi aqlsizlik bo‘lar edi. — Qorachoponchi bo‘lg‘aningiz uchun, — dedi isteh-zo qilib qushbegi, — qipchoq og‘aynilardan qo‘rqdin-gizmi? — So‘zingizga tushunolmayman, — dedi kulib Otabek. Bu gapni oddiy kishiga aytkandek qilib so‘zladi. Qutidor uning bu aytkan gapidan emas, kulishidan nihoyat darajada qo‘rquvg‘a tushib o‘zida issiqliq-sovug‘liq bir holat his etkan edi. Hokimlarga garchi to‘g‘ri bo‘lg‘anda ham dag‘alroq so‘z aytish o‘limni tilash bilan teng edi. O‘tabboy qushbegi zamona hokimlarining tuzugi bo‘lsa ham, ko‘p bo‘lmasa ozroq ular-ning ta’siri bunda ham bor edi. Otabekning bu gapidan qizishdi: — Qipchoq dushmani bo‘lg‘an otangiz Yusufbek hojini unutdingizmi? Otangizning sizga bergan vakolati qayerda qoldi? — Qipchoq dushmani kim, otam kimga qanday vakolat bergan, xudo haqqi uchun ochib so‘zlangiz, yo‘qsa yorilaman, taqsir! — O‘zingizni tag‘ofulga solmangiz, bek yigit, — dedi qushbegi, — otangizning kim ekanini, sizni Marg‘ilonga nima uchun yuborg‘anini, qutidor bilan munda qanday ishlar qilmoqda bo‘lg‘anlig‘ingizni, barchasini hujjatlari bilan bilamiz. Siz marg‘ilonlik og‘aynilarni qipchoqlarg‘a qarshi oyoqlandirmoqchi bo‘lasiz, buni ham yaxshi bi-lamiz!.. Otabek Qutidor Otabek azbaroyi bo‘g‘ilib ketkanidan ko‘kimtil tovlang‘an, qutidor bezgaklardek titray boshlag‘an edi. Otabek o‘zini kuch bilan yig‘ishtirdi: — Bunda zo‘r tuhmat bor, taqsir, — dedi, — otamni qipchoq dushmani va meni Marg‘ilon og‘aynilarini isyonga hozirlash uchun kelgan, deb o‘ylaysizmi? — O‘ylamaymiz, ammo yaxshi bilamiz. Qutidorning sizga nima uchun qizini berib, kuyav qilg‘anig‘a ham yaxshi tushunamiz. — Bunda zo‘r tuhmat bor, taqsir, — dedi, — otamni qipchoq dushmani va meni Marg‘ilon og‘aynilarini isyonga hozirlash uchun kelgan, deb o‘ylaysizmi? — O‘ylamaymiz, ammo yaxshi bilamiz. Qutidorning sizga nima uchun qizini berib, kuyav qilg‘anig‘a ham yaxshi tushunamiz. Qutidor suratdek qotib qoldi, Otabek bo‘lsa o‘zidagi hayajonni kuch hol bilan tarqatishg‘a tirishar edi. Qushbegi bilan qo‘rboshi bu ikki gunohkorni ta’qib etar, ulardagi har bir harakatni o‘zlaricha bir narsaga yo‘yar edilar. Uch-to‘rt daqiqalik sukutdan keyin Otabek tilga keldi: — Biz bu daqiqada sizning fikringizcha go‘yo bir ig‘vogar, go‘yo bir isyonchi bo‘lib tanilib turibmiz, — dedi bek, — chindan ham shundog‘ kishilarmizmi, yo‘qmi, buni albatta sizning tekshirishlaringiz, haqiqat-laringiz ko‘rsatar. Men sizning qilichingiz ostida o‘lim-dan qo‘rqib yoki sizga xushomad uchun so‘zlamay hukumat kishilarimiz orasida tushunadirg‘an bir odam bo‘lg‘anlig‘ingiz vajidan otamning ham o‘zimning qanday fikr va maslak kishisi ekanligimizni aytib o‘tmakchi bo‘laman: biz na qipchoqlarg‘a tarafdor bir kishi va na shaharlik og‘aynilarg‘a. Bu ikki firqa bizning nazari-mizda bir-birisidan mumtoz, idora ishida biri-biridan ortiqroq xalqlar emasdir. Shunga binoan Turkiston xalqlarining istiqbollarini bu ikki firqaning bittasiga havola qilish baayni qo‘yni bo‘riga topshirish qabilida bo‘ladir. Nega desangiz, har ikki tomonning ish boshig‘a intilgan kishilarining ko‘kragiga qo‘l solib ko‘rsangiz, birisining faqat el talamoq, boyliq ortdirmoqqag‘ina bo‘lg‘an g‘arazini, ikkinchisining ko‘rkli xotinlar, yuqori turmishlar uchun bo‘lg‘an maqsadinig‘ina ko‘rib, ikki oradan «elni tinchitay, el ham rohat-tirikchilik qilsin» degan uchunchi bir oliy maqsadni charog‘ yoqib axtarsangiz ham topolmassiz. Mana biz, taqsir, shu keyingi ishda ko‘rilmasa ham faqat shirin xayollardagina yurgan oliy firqag‘a o‘zimizda tarafdorlik his etamiz. Otamning Azizbekka yaqin turishi qipchoq dushmani, qora chopon tarafdori bo‘lg‘anidan emas, balki boyag‘i maslakka bir xizmat qilmoq uchundir. Taassufki, otam-ning Azizbekdan bo‘lg‘an umidi bo‘shka ketdi: bu kun ul o‘zining yaramas xayoli yo‘lida xondan yuz o‘girdi va bu orada qancha gunohsizning qoni to‘kilishiga sabab bo‘lmoqdadir. Manim bu so‘zlarimga ishoning-ishonmang, ixtiyor albatta sizdadir. Ammo bundog‘ eng jo‘n bo‘hton bilan qoralanishimg‘a vijdonim qarshisida so‘ng daraja muazzabman, taqsir! Qushbegi Otabekning bu gaplaridan yaxshig‘ina taraddudga tushkan edi, ammo — «Azizbekning otalig‘i va kengashchisi» bo‘lg‘an Yusufbek hojining o‘g‘li bo‘lishi uning miyasini qotirg‘an, balki, bu gaplar shunday ehtimollarga qarshi dastur qilib berilgan bo‘lmasin, degan fikrga kelgan edi. Otabekning yuqoridag‘i gapla-ridan so‘ng bo‘lg‘an undagi o‘zgarish ham faqat bu ishni yaxshilab tekshirish va hozirdan bir hukm bermaslikkina bo‘ldi. — Har holda sizning yaxshi niyatlik kishilar bo‘lmag‘anlig‘ingiz ko‘zimiz o‘ngidadir, — dedi qushbegi,— shuning uchun to haqiqat oshkor bo‘lg‘unchalik har ikkingiz zindonda qolarsiz. Otabek bir so‘z aytmay sukut qildi. Qutidor «chora yo‘qmi?» degandek qilib kuyaviga qaradi. Qushbegining ishorati bilan yigitlar hozir bo‘lib, gunohkorlar zindonga jo‘natildilar. Qushbegining — «Ertaga uyida majlis qurilg‘anlarni va bu majlisda ishtirok qilg‘an boshqalarni ham qo‘lg‘a olib, huzurimga keltiringiz!» degan amridan so‘ng qo‘rboshi ham ruxsat olib chiqdi. O'tkan kunlar — 14. Najot istab Toshkandga Bu kun sakkiz kundan beriga — «kutilmagan bir baxt» egasi bo‘lib olg‘an Kumushbibi uchun bu hol kutilmagan bir baxtsizlik, kutilmagan bir falokat edi. Endigina «Bekni uylantirdim, suyganiga qo‘shib quvontirdim», deb bu uylantirishning husni va qubhini tuzukrakkina o‘ylay olmag‘an Hasanali uchun ham bu voqi’a kichkina gap, ozg‘ina qayg‘u emas edi. Ko‘zining oqu qarosi, yolg‘iz qizini maxtovlik kuyavga berib, qizi bilan kuyavining bir daqiqa ham bir-birlaridan ajrasha olmag‘anlarini ko‘rib ko‘ynagiga sig‘may yurgan Oftob oyim uchun kuyavigina emas, hatto erining ham bu vartaga tushmog‘i chiday olarliq bir hol emas edi. Kumushbibi o‘zining «kutilmagan bir baxti» uchun ishonmag‘anday bo‘lib yurar edi. Chindan ham mundan keyin qaytadan qovishmog‘iga ishonmay qo‘ydi. Hasanali «qutildim» degan edi, yana tog‘dek qayg‘ug‘a tutildi. Oftob oyimning so‘yingani ichiga tushdi. Kumushbibi bilan Oftob oyimning bu falokatka qarshi topqan-tutqanlari yolg‘iz ko‘z yoshi to‘kishkina bo‘ldi. Bu falokatning og‘irlig‘i yana o‘zining tog‘dek kattaligi bilan Hasanalining ustiga tushdi. Kumushbibi eri bilan otasining najotlarini kimdan kutishni bilmas edi-da, qora ko‘zlarini jiq yoshg‘a to‘latib — «endi nima qilamiz?» degandek Hasanaliga termular edi. Qutidor oilasida boshqa er zoti bo‘lmag‘anliqdan Oftob oyim qarindoshlaridan «jonkuyar» deb tanilg‘an kishi Kumushning tog‘asi Ahmadbek bo‘lib, ul ham umrining ko‘pini Qo‘qondami, Xo‘janddami o‘tkarar, shuning uchun undan ham yori kutish uzoq gap edi. Mana bu jihatdan ham Kumush va onasining birdan-bir ishong‘ anlari yana Hasanalining o‘zi edi. Barcha og‘irliq Hasanalining ustida. O‘zingning tug‘ilib o‘sqan yeringda og‘a-inilaring, bilish-tanishlaring bo‘lib har nuchikda ulardan shuningdek og‘ir kunlarda so‘z bilan, ish bilan bir yordam ola bilasan. Ammo biz-ning Hasanali Toshkandda emas — Marg‘ilonda, musofaratda, kishilarini tanimag‘an bir shaharda. Boshda Hasanali Ziyo shohichi bilan uning o‘g‘li Rahmatdan yaxshig‘ina umid tutkan, har holda ulardan boshqa tayanarliq kishim yo‘q, deb o‘ylag‘an edi. Baxtka qarshi bu fikrdan ham tezda qo‘l yuvdi: Ziyo aka bilan Rahmat ham qo‘lg‘a olindilar va Hasanalining o‘zi ham qidirila boshlandi. Hasanali va Kumushbibilarning qayg‘ulari yana bir qat oshti, qo‘rqunchi ustiga qo‘rqunch qo‘shildi. Hasanali ham Otabeklar bilan birlikda birinchi kun qo‘shilib qamalg‘an bo‘lar edi, biroq uning saroyda bo‘lishi ulardan ajralib qolishig‘a sabab bo‘lg‘an edi. Qo‘rboshi yigitlari tomonidan Hasanali ham qidirilib boshlang‘ach, ulardagi «balki bu kun, erta bo‘shatib yuborarlar» degan umid ham bo‘shg‘a chiqdi. Boshda Hasanali o‘z erki bilan hukumatka topshirilib, mahbuslarga jazo kelsa birlikda tortib, qutilish muyassar bo‘lsa birga qutilishg‘a o‘ylab qarag‘an edi. Uning bu fikriga Kumush bilan onasi qarshi tushdilar: «Sizning ozod yurishingiz mahbuslar uchun balki foydali bo‘lar», dedilar. Hasanalining o‘zi ham ularning ra’yini muvofiq topdi. Biroq uning tashvishi ikki qat oshdi: har daqiqa hadukda, qo‘rboshi yigitlaridan qochib yashirinishg‘a, har soat joy yangilashka majbur edi. Hasanali kunlarini tomoqsiz, tunlarini uyqusiz kechira boshladi: Otabeklar nega qamaldilar, qanday gunohlari bor ekan? Otabekning ipidan-ninasiga bo‘lg‘an sirri unga ma’lum emasmidi? — Bu jihat bilan o‘ylag‘anda «Qutidorlarning birar ishlari balosiga qoldi-yov», deb fikr qilar edi. Bu falokatni umumiyroq tekshirib boshlasa, xalq og‘zida maqol o‘rnida iste’mol qi-ling‘an «Ajalingning yetishi qilg‘an yozig‘ingdan emas— bek akangning qonsirashi» degan gap ko‘ngliga tushar edida, beixtiyor uflab yuborar edi. Oradan besh kunlab o‘tdi, mahbuslar zindon balosidan qutila olmag‘anlaridek, ularning qamalish sirlari ham hech kimga bilinmadi. Hasanali shu besh kun ichida mahbuslarning najotlari yo‘lida qora pullik ish chiqara olmag‘anidek, bundan keyin ham bir ish qila olishig‘a ko‘zi yetmay qoldi. Chunki qo‘rboshi yigitlaridan saqlana olishning o‘zi ham unga katta vazifa daraja-sida edi. Nihoyat, Marg‘ilonda turish fikridan qaytib, Toshkand jo‘nash xayoliga tushdi. Bu kunlarda ham Toshkand tinchsizligi bir taraflik bo‘lmag‘an, hanuz Toshkand Qo‘qon sipohlari tomonidan muhosara holatida ekanligi to‘g‘risidagi xabarlar kelib turmoqda edi. Hasanali bu gaplardan xabarsiz emas, Toshkandga kirib olishning qay daraja qo‘rqunch bo‘lg‘anlig‘i ham uning ko‘z o‘ngida edi. Ish shundog‘ bo‘lsa ham ul Toshkand jo‘nash uchun o‘zida bir majburiyat his etar, najot yo‘llarini endi Toshkanddan izlamasa boshqa chora yo‘q edi. Qarorni shunga berib, bu fikrini Kumush bilan Oftob oyimg‘a so‘zladi. Ularda epaqalik bir miya, Ha-sanaliga yo‘l ko‘rsatadirg‘an ixtiyor qolmag‘an, topqanlari faqat yig‘i edi. Hasanalining «Siz bilan manim qo‘llarimizdan bir ish chiqadirg‘an o‘xshamaydir. Nima bo‘lsa ham men Toshkand borib, najotni o‘sha yerdan izlamasam bo‘lmas», deyishiga qarshi Kumushbibi bir xil siniq tovushda: — Marg‘ilondan topilmag‘an najot Toshkanddan topilsinmi? — dedi. — Biz endi shunga majburmiz, qizim, — dedi Hasanali, — qayin otangiz ehtimol buning birar chorasini topar. — Biz endi shunday qolaberamizmi, agar zolimlar...— dedi-da Kumush so‘zining oxirini aytalmay o‘krab yubordi. Hasanali ham o‘zini kuch hol bilan yig‘idan bosar ekan, Kumushni yupatdi: — Unday bo‘lmag‘ir xayollarga tushmang, qizim, — dedi, — qushbegi boshqalarg‘a qarag‘anda insoflik hokimdir. Xudo xohlasa, men Toshkanddan qaytquncha ular ham zindondan qutilurlar. Bu kun kechasi ul yo‘l tayyorliqlarini ko‘rdi. Minib ketishi uchun qutidorning saman yo‘rg‘asini belguladi. Ertasi ertalab Marg‘ilonning Qo‘qon darbozasidan bi-rinchi galda chiqg‘uchi Hasanali bo‘ldi. O'tkan kunlar — 15. Toshkand qamalda Bu kun Toshkand qamalining elli birinchi kuni. Sovuq bir oz yumshab tushkan, quyosh ochiq havoda harakat etmakda edi. Yerlar erib, hamma yoq shilt-pilt loy, qo‘rg‘on kungiralaridagi qirovlar bo‘g‘qa aylanib ko‘kka ko‘tarilmakda edilar. Bu kun tongdan boshlab, Toshkandning Samarqand darbozasi tomonidan bo‘lg‘an qo‘qonlilarning hujum-lari o‘zlari uchun so‘ng darajada halokat bilan tugalgan. Qo‘qon sipohlari endigi hujumgacha shikastrextlarini tuzatish, yaralarini bog‘lash, damlarini olish uchun qo‘rg‘on yonidan qayoqqadir, qo‘shlariga ketkanlar. Qaramoqqag‘ina emas, so‘zlashka ham dahshat: Kamolon darbozasi bilan Samarqandg‘acha bo‘lg‘an qo‘rg‘on ostlari (bu ikki darboza oralari besh yuz adim keladir) boshsiz va ishtondan boshqasi tunalgan inson gavdalari bilan to‘libdir. Bu ochiq mozoristonni qo‘rg‘on kungiralari ustida mudofaadan so‘ng charchab, quyoshda jilinib o‘lturgan sallalik, qalpoqlik va popoqlik Toshkand mudofi’lari ming turlik shodliqlar ichida tomosha qiladirlar. Bu ikki darboza orasida ikki xil holat hukm suradir — qo‘rg‘on ostlarida jahannam dahshati bilan yalang‘och, boshi tanidan olinib qora qonig‘a belangan odam gavdalari yotib, qo‘rg‘on ustida ikkinchi kishilar dunyo shodlig‘i ichida suzadirlar. Qo‘rg‘on ustidagi qahramonlardan bittasi kula-kula bir sarkardani otib o‘ldirganligini so‘zlab: «Padar la’natini o‘zim xo‘bam otdim-da, otning ustidan uch gaz ko‘tarilib yiqildi!» deydir. Tag‘in bittasi o‘liklar ichidan kimnidir ko‘rsatib: «Ana, ana, hov ana! O‘sha qipchoqqa o‘q tegib o‘lib o‘lalmay, yurib yuralmay ingrab yotqan ekan. Qilichim bilan boshini shartta kesib, belidagi oltin kamari va ustidagi kimxob po‘stunini olib chiqdim!» deydir. Har kim bu kungi urushdagi o‘zining erliklari bilan, qo‘lg‘a tushirgan oltin kamari, yoqut ko‘zlik uzugi, sovsar po‘stuni, kumush qinli qilichi va boshqa o‘ljalari bilan maxtanadir. Shu vaqtda qo‘rg‘on ustidan qo‘shiq tovshi eshiti-ladir: Zamoning zamon bo‘lsin — yor, Aziz beging omon bo‘lsin — yor. Dardiga davo topmay — do‘st, Normating yonib o‘lsin — yor! Biz endi shu o‘liklar yoni bilan qo‘rg‘on bo‘ylab bir oz ilgariga yursak olti gaz yuksaklikda, besh gaz kenglikda, ikki yoni sakkiz gazlik qo‘rg‘on devori bilan o‘ralg‘an, kunbotarg‘a qaratib qurilg‘an Samarqand darbozasi yonida to‘xtarmiz. Tevaragimizdan dushmanning hujum qilish qo‘rqunchi bo‘lg‘anliqdan biz ortiqcha chidamsizlik bilan darbozani qoqa boshlarmiz: — Ochingiz bek aka, tezroq ochingiz! Darboza beklari bizga iltifot qilmay o‘ltura beradirlar. Bizning o‘n besh daqiqaliq jon achchig‘ida qaxshag‘animizdan keyin darbozabonlardan bittasi zerikib sekingina qo‘rg‘on devoriga chiqadir-da, mo‘ralab bizga qaraydir. Ul bizni aniq toshkandlik bo‘lg‘animizga ishonsa darbozaga solingan nortuyaning boshidek qulfni ming mashaqqat bilan ochib, zanji-rini tushuradir. Biz o‘zimizni ichkariga olg‘ach, darbozabon o‘zining hazmi ko‘targan qadar bizga po‘ng‘illaydilar-da, darbozani berklash harakatiga tushadir. Endi biz darbozaning hay’atiga qaraymiz: oshlangan qo‘y po‘stagidan po‘stun kiyib, beliga butun bir bo‘zdan belbog‘ bog‘lag‘an va belbog‘ig‘a yarim gaz chamaliq kalid osqan, turkman popoqlik bir kishi. Shundan keyin biz darbozaning o‘ng tomoniga qarab yuruymiz. Darbozadan o‘n besh adimlar narida, shiyponga o‘xshash to‘rt tarafi ochiq bir binoda darboza beklari gulxan solib, chilim chakib o‘lturadirlar. Biz qo‘rg‘onning osti bilan ilgarilashda davom etamiz. Endi biz boyagi mudofi’larni ichkaridan ko‘ramiz: mudofi’lar qo‘rg‘onning eng yuqorig‘i pog‘onasida o‘zlari-ning turlik tus va bichiqdagi kiyimlari bilan qaysilari shashvar tutib, qaysilari miltiq ushlab, qo‘rg‘on kungirasiga suyanib, boshlarini quyoshg‘a berib o‘lturadirlar. Qo‘rg‘onning Kamolon darbozasigacha bo‘lg‘an qo‘ruq o‘rinlari shu-ningdek mudofi’lar bilan to‘lg‘an bo‘lib, o‘ziga bir turlik ko‘rinish tashkil etadir. Kamolon va Samarqand darbozalarining o‘rta bir yeri bo‘lg‘an qo‘rg‘on ostida kimxob to‘n kiyib, simobi salla o‘rag‘an, beliga kumush bog‘lab, qilich taqing‘an bir bek oldidagi bir uyum narsaga ishorat qilib yonidagi bir yigit-ka nimanidir uqdirmoqda edi. Biz yana elli-oltmish adim yurib haligi so‘zlashib turg‘an beklar yaqinig‘a borsaq, qo‘rg‘on tashqarisida ko‘rgan dahshatlarimizni o‘zining ko‘lagasida qoldiraturgan yana bir «dahshatlar tepasi»ga ko‘zimiz tushadir-da, qo‘rquvimizdan soatlab hushimizni yo‘qotib qo‘yishga majbur bo‘lamiz. Uch-to‘rt yuz inson boshidan turg‘uzilg‘an bir tepa. Qarichg‘a keladirgan uzun soqollar, boshdag‘i xun olud siyrak sochlar, bo‘zarg‘an yuzlar, qong‘a belanib, yarim ochiq holda qorachiq o‘rnini qo‘rqunch bir oqliq bosqan ko‘zlar dunyoga va shu hayotka la’nat uqug‘andek qaraydirlar. Ayniqsa bir bosh, ehtimolki, hali yigirma yilni ham o‘tmagandir, murti ham chiqmag‘an. Xun olud quyuq qoshlari ostidagi yarim ochiq ko‘zlari kimnidir izlagandek qaraydir... Yarim ochiq irinlari ichidagi oq tishlari bilan tilini g‘archcha tishlagan-da, go‘yo shu turmushda, shu besar xalq ichida tug‘ilg‘ani uchun «attang» o‘quydir. Bu boshlar uyumi ustida turg‘an qo‘rg‘on begisi yonidag‘i yigitka boshlar orasidan birini ko‘rsatib, o‘z tanishlaridan bir bekning boshi bo‘lganlig‘ini so‘zlaydir. Shu paytda Kamolon darbozasi tomonidan yarog‘lang‘an uchta otliqning ot choptirib kelganlari ko‘rilib, qo‘rg‘on ustida o‘lturgan mudo’filar ichida olag‘ovur qo‘pti: — Hudaychi, Sulaymon hudaychi! — deyishdilar. Hudaychi qo‘rg‘on begi qotig‘a yetib, bek hazratlari-ning hozir yetib kelishlariga bashorat berdi, yana oti-ning boshini burib yigitlari bilan orqag‘a qaytdi. Hudaychiboshining xabaridan bu kungi ulug‘ muzaffariyatni qutlag‘ali Azizbekning kelishi ma’lum bo‘lar edi. Hudaychi jo‘nag‘ach, qo‘rg‘on begining paytavasiga qurt tushib, tipirchilab qoldi va u yoqdan-bu yoqqa yugira boshladi: — Hoy qo‘rg‘on ustidagi azamatlar! Hozir bo‘lingiz, yasov tortingiz, bek keladirlar! Hoy Husaynbek, darbo-zabonlarga yugir, hozir tursinlar! G‘anibek yuzboshi, siz yigitlaringizni tartiblangiz! Yasovulboshi, hozir bo‘lingiz! Qo‘rg‘onning qo‘ruq o‘rnidagi qahramonlar harakatka keldilar, yuqori qo‘ruqdan bir pog‘ona quyig‘a tushib saf-yasov tortdilar. Shovqin-suron orasida qo‘rg‘on begi ot ustida qo‘rg‘onning u boshidan-bu boshig‘a chopib: — Hozir bo‘l, yigitlar! Tartibingni tuzat, salomga tayyorlan! — deb qichqirib yurar edi. Qahramonlar qo‘llaridag‘i miltiq, shashvar, oybolta, qilich va nayzalari bilan tizilishib oldilar. Safning o‘rta yeridan yashil bayroq ko‘tarildi. Shuning bilan Aziz parvonachining is-tiqbolig‘a lozim va vojib bo‘lg‘an barcha tartib va tantanaga hozirlanilg‘an bo‘lindi. O'tkan kunlar — 16. Azizbek Oradan uch-to‘rt daqiqa o‘tkandan keyin Kamolon tarafidan bir yuz chamaliq sarkarda va yigitlari bilan Azizbek ko‘rindi. Tilla jabduqli qizil ayg‘irg‘a mingan, quyosh yog‘dusi bilan turlik tuska kirib tovlanadirg‘an, yoqa va etaklariga oltin uqa tutilgan kimxob to‘n kiyib, belidagi oltin kamarga kumush qinli jazoiri qilich osqan, boshig‘a oq shohidan salla o‘rab, oyoqlarini kumush uzangiga tiragan, siyrak qoshlik, cho‘qqi soqol, bug‘doy ranglik, qirq besh-elli yoshlar chamaliq bir kishi edi. Uning orqasidan qora otg‘a otlanib, zangori movutdan uqalik to‘n kiygan, kumush kamarning o‘ng tomonig‘a qilich, so‘lig‘a to‘fangcha qistirg‘an, boshig‘a barra popoq kiyib, jin yalag‘an deganlaridek qoshsiz, qoramtil yuzlik, ikki chakagining ustida bir oz, iyagida bir oz siyrak, ko‘rimsiz qora soqolliq, ko‘zlari ichiga botig‘roq, ammo qon quyilg‘ansumon bir kishi kelar edi. Bu kishi Azizbekning amri lashkari va o‘ng qo‘li bo‘lg‘an Rayimbek dodxoh edi. Uning qatoridag‘i ikkinchi kishi kichikroq saman otka otlanib, ustiga Buxoroning ola bayroq matasidan chopon kiyib, kamar o‘rniga choponini tugmalagan, boshig‘a katta salla o‘rab, qamchi sopi bilan egarning qoshig‘a takya qilg‘an; to‘la ko‘rkam yuzlik, katta malla ko‘zlik, uzun mosh-guruch soqollik mullanamo bir zot bo‘lib, bu kishi yaroqsiz edi. Azizbek orqasidan kelguchi bu ikki otliqdan so‘ng sipohlar turkumi boshlanib, zangor movutdan tizzagacha tushkan kalta kamzul, qizil movutdan shim, oyog‘ida sag‘ri etik, boshda Rayimbek dodxohning boshidag‘idek popoq, ammo ust tomoni qizil movutdan, oq qayishdan kamar, so‘lig‘a qilich osilib, o‘ng tomoniga to‘fangcha qisti-rilg‘an har qatorda to‘rttadan otliq kelmakda edilar. Sipohlarning keksaliklari to‘g‘risidagi nuqsonni e’tiborga olinmasa, ko‘rinish muntazam edi. Qo‘rg‘on ustida yasov totqan qahramonlar qo‘l bog‘lab ikki bukilgansumon ta’zim bilan Azizbekni ilga-riga o‘tkaza boshladilar. Azizbek ularga qarshi oltin soplik qamchisini ko‘kragiga ko‘ndalang qo‘yib boshi bilan ham javob ishorasi berib oldinlar edi. Shu kezda boshlar uyumi yonida turg‘an qo‘rg‘on begisi otidan yerga tushib jilovini qovushtirilgan qo‘llari orasig‘a oldi. Boshlar uyumi bilan Azizbek orasi qirq-elli ot adimi qolg‘an edi. Azizbek qahramonlarning salomlariga javob qaytarishni ham unutib, ko‘zini kesik boshlarga tikdi. Azizbekning orqasidag‘i sarkarda va sipohlar ham bu dahshat uyumiga egarga qiyshiq o‘lturib tomosha qilib kelar edilar. Azizbek kishilari bilan boshlar yonig‘a kelib to‘xtadi. Azizbek bir muncha vaqt boshlarni tomosha qilib turdi-da, qarshida qo‘l bog‘lag‘an qo‘rg‘on begiga qarab iljaydi: Azizbek bir muncha vaqt boshlarni tomosha qilib turdi-da, qarshida qo‘l bog‘lag‘an qo‘rg‘on begiga qarab iljaydi: — Barakalla g‘ayratlaringizga, — dedi Azizbek, — bu kun qipchoqlarg‘a rustamona javob berib, o‘zlarini ham itdek qirg‘ansiz. Bunchalik g‘ayrat ko‘rsatkan fuqarolarga rahmat, dunyo turguncha tursinlar! Azizbek tashakkurini bitirgach, hudaychi qo‘rg‘on ustidagi qahramonlarg‘a hamma tovshini qo‘yib qich-qirdi. — Bek janoblari bu kungi rustamona g‘ayratlarin-gizga rahmat aytib, haqlaringizga duo qiladirlar! Mudofi’lar dunyoni buzib javob berdilar: — Qulliq taqsir, qulliq! Taqsirimiz dunyo turguncha turib, soyai davlatlari boshimizdan kam bo‘lmasin! Azizbek qamchisini ko‘ndalang qo‘yib mudofi’larga qulliq qildi va hudaychiga buyurdi: — Qo‘rg‘on begiga kimxob to‘n, yuzboshilarg‘a atlas chopon, boshqa yigitlarga uch tangadan pul in’om beril-sin. Hudaychining xabaridan so‘ng mudofi’lar javob qaytardilar: — Davlatlari ziyoda bo‘lsin! Xazinachilar sipohlar orqasidan ikki otni yetaklashib hudaychi yonig‘a yetdilar. Bir otning ustiga choponlar ortilg‘an, ikkinchi otdag‘i katta xurjinning ikki ko‘zi liq tanga edi. Boshlab hudaychi ot ustidan bir kimxob to‘nni olib, qo‘rg‘on begiga kiydirdi. Qo‘rg‘on begi to‘nni kiyib Azizbek haqiga uzun duo qildi. So‘ngra hudaychi bir yigitka to‘n qo‘ltiqlatib, ikkinchi yigitka tangalardan oldirib qo‘rg‘on begi bilan birga qahramonlar yonig‘a chiqdi. Qo‘rg‘on begining ko‘rsatishicha kimga uch tanga pul, kimga adras chopon ulashilib boshlandi. Azizbek ot ustida boshlar uyumi tevaragida aylanib Rayimbek dodxoh va ola-bayroq to‘nlik kishiga o‘zining tanish sarkardalaridan bo‘lg‘an kimlarningdir boshlarini ko‘rsatmakda, tirik vaqtlarida nima ishlarda bo‘linib va qora choponlilarg‘a qanday zulmlar qilg‘anlarini so‘zlamakda edi. Azizbekning bu gaplarini Rayimbek dod-xoh samimiy eshitsa ham olabayroq to‘nlik odam «taqsir, taqsir» bilan javob berib, boshlar uyumidan jirkangansumon egarining qoshig‘a ko‘zini tikib turmoqda edi. Yarim soatlik bir fursatdan keyin qo‘rg‘onning boshdan-oyoq yasov tortqan qahramonlariga in’omlar ulashilib bitdi-da, hudaychi o‘zining quruq xurjini bilan Azizbek qotig‘a kelib qulluq qildi. Azizbek qarshisida qo‘l bog‘lab turg‘an qo‘rg‘on begidan so‘radi: — Yigitlaringizning barchasi ham quruq qolmadimi? — Davlatingiz soyasida, taqsir. — Qipchoqlarning bu kungi hujumi qay vaqtda bo‘ldi? — Tong yorir-yorimas Oq tepa tomonidan to‘p ota boshladilar, — dedi qo‘rg‘on begi, — o‘n besh daqiqa o‘tar-o‘tmas otliq qipchoq qo‘shinlari ko‘rinib Samar-qand darbozasiga yugirdilar. Shungacha men ham davla-tingiz soyasida ikki darboza oralarig‘a merganlarni yayratqan edim. Boshlab Samarqand darbozasi qo‘rug‘i-dan otishg‘a buyurdim. Merganlar o‘n besh daqiqa orqa-sini uzmay miltiqqa o‘t berib turdilar. Qipchoqlar biz-ning tomondan otilg‘an miltiq o‘qlarig‘a chidalmay, Samarqand darbozasini tashlab, Kamolon darbozasiga yuzlandilar. So‘ngra davlatlari ko‘lankasida Kamolon qo‘rug‘idag‘i merganlarni ishka qo‘ydim. Bir soat chamasi otishqandan so‘ng yov bizning o‘qimizg‘a chidalmay, ikki darboza orasida uch-to‘rt yuz o‘lik qoldirib, qochishg‘a majbur bo‘ldi. Bizdan yolg‘iz besh kishi o‘lib, to‘qqiz kishi yaralandi. Azizbek juda zavqlang‘an edi, yana bir qayta barakalla o‘qub, so‘radi: — Normat qipchoq ko‘rindimi? — Yo‘q taqsir: qo‘rg‘on yaqinig‘a yo‘lamadi, yo‘la-g‘anda... — O‘shanga hozir bo‘lmoq kerak. — Davlatlari yori bersa, albatta bizning muddao ham shunda... Azizbek o‘z og‘zi bilan mudofi’larga «Men sizlardan rozi!» deb qichqirdi va mudofi’larning qiy-chuv duolari ostida sipohlari bilan Samarqand darbozasiga tomon harakat qildi. Bu kun Azizbek g‘olibiyat daldasida qo‘rg‘onlardan bir aylanib chiqmoqchi edi. Shuning uchun Samarqand darbozasidan o‘tib qo‘rg‘on osti bilan Chaqarg‘a qarab yurishdilar. Qo‘rg‘on Chaqarning chuqur jarlik arig‘ig‘a taqalib tugalar edi. Chaqar suvi ustiga qo‘rg‘on tiklash mumkin bo‘lmay, jarning usti qo‘rg‘ondan tabi’iy bo‘sh edi. Ammo jarning narigi tomoni bir tepadan iborat bo‘lib, janub biqini ma’lum Chaqar suvi bilan, g‘arbi Bo‘z suv va Ko‘kcha arig‘i bilan o‘ralg‘an burun kabi bu tepa qo‘rg‘onsiz ham dushmanning hujumiga o‘ngg‘aysiz edi. Tepa ustida sipoh turishi uchun bir necha binolar soling‘an, janubi-g‘arbig‘a qaratib bir, g‘arbg‘a qaratib bir va shimoli-g‘arbig‘a qaratib yana bir; barisi uchta to‘p qo‘yilg‘an edi. Bu tepa ustida doimiy to‘pchi va qorovullar turar edilar. Azizbek sipohlari ila jarga tushdi va suv kechib haligi tepaga yuzlandi. To‘pchi, qorovullar ko‘zdan kechi-rilib, ularga bir necha tangadan in’om berildi. Shundan keyin tepaning kun chiqishig‘a qarab qaytdilar. Chunki tepaning boshqa tomonlari yuqorida aytilgandek bir necha terak bo‘yi jarlik bo‘lg‘anliqdan Ko‘kcha darbozasiga o‘tish uchun Suzuk ota mozori yaqini bilan Ko‘kcha arig‘ig‘a tushilar va undan keyin Ko‘kcha qo‘rg‘onlarig‘a qaytib kelinur edi. Ko‘kcha qo‘rg‘onlari qo‘rug‘ida anovi qo‘rg‘onlarni-kidek mudofi’lar ko‘b bo‘lmasa ham, yo‘q ham emas edilar. Hudaychi Azizbekdan ilgariroqda qo‘riqchilarni ogohlantirib borar, miltiq, shashvar tutkan yosh va keksa muhofizlar uni salomlab qarshi olar edilar va Azizbekning «Rahmat fuqarolarim!» so‘zini eshitib yaxshig‘ina talta-yishib qolar edilar. Shu ravishda Ko‘kcha, Chig‘atoy, Sag‘bon, Qorasaroy, Taxtapul, Labzax darbozalarini o‘tib, eng keyin Qashqar darbozasiga yetdilar. Qashqar darbozasi o‘rdaga yaqin bo‘lg‘ani uchun munda muhofiz va sipohlar talayg‘ina bor edilar. Ularning salomlariga ko‘milib, Azizbek Qashqar darbozasining muyushiga yetkan ham edi, tashqaridan kimningdir darbozani oshig‘ich taq-taq urgani eshitilib, Azizbekning oti hurkibmi, qo‘rqibmi ketiga burulib to‘xtadi. Boshqalar ham to‘xtashg‘a majbur bo‘ldilar. Azizbek qarshisida qo‘l bog‘lab turg‘an darboza begig‘a baqirdi: — Nega qarab turasan, darboza ustiga chiq, kim ekan u it?! Darboza begi yugurib qo‘rg‘on devoriga chiqdi: — Taqsir, bir chol! — Darbozangni ochib, ichkariga ol! — dedi Azizbek. Darboza ochildi. Tashqaridan saman otini yetaklab Hasanali kirdida, kutilmagan ish ustidan chiqg‘ani uchun qo‘rqib, Azizbekka salom berdi. O'tkan kunlar — 17. Yusufbek hoji Rayimbek dodxohning yonidagi bizga tanish olabay-roq to‘nlik kishi Hasanalini ko‘rishi hamono: — Ha-a-a, bizning Hasanali-ku! — dedi, — kel, Hasan ko‘rishaylik, Otabek esonmi? Hasanali kelib ko‘rishdi, Yusufbek hoji ko‘rishar ekan, Azizbekka dedi: — Bu bizning kishimiz taqsir, Marg‘ilondan keladir. Azizbek labini tishlab qoldi. Chunki darboza taqillatib, otini hurkitkan Hasanalini jallodg‘a topshirish niyati, albatta yo‘q emas edi. Yusufbek hojining so‘ziga javob bermay yo‘lida davom etdi. Hasanali sipohlar orqasidan, Yusufbek hoji Azizbek ketidan o‘rdag‘a qarab yurdilar. O‘rda darbozasiga yetkandan keyin kutib turg‘an o‘rda begi Azizbekning qo‘ltig‘idan olib otdan tushirdi. Azizbek o‘rda ichiga kirmakda ekan, Yusufbek hoji otdan qo‘nib so‘radi: — Menga ruxsatmi, bek? Azizbek yo‘l ustidan hojiga qaradi: — Ruxsat, ertaga choyni o‘rdaga kelib iching. — Yaxshi, taqsir. Yusufbek hoji sipohlardan birining qo‘ltiqlashi bilan otig‘a minib, narida kutib turg‘an Hasanaliga qarab yurdi. Sipohlar ham o‘rda ichig‘a ot yetaklashib kira boshladilar. Yusufbek hoji Hasanalining vaqtsiz ham Otabekka qaytishidan tashvishlangan va qanday bo‘lsa ham bir falokat yuz berganiga ishongan edi: — Nega vaqtsiz kelding, Otabek sog‘mi? — deb so‘radi. Yusufbek hoji Hasanaliga yetmasdanoq bu savolni berdi, Hasanali eshitmadimi yoxud eshitsa ham eshit-maganga solindimi, har nuchuk javob bermadi. — Nega indamaysan? — Otabek salomat... — Bo‘lmasa, nega vaqtsiz kelding, Otabek qani? Otabekning qamalishidan xabar berish Hasanali uchun juda og‘ir tuyilgan edi. Nihoyat ko‘zidagi yoshini artdi-da: — Otabek Marg‘ilon hokimi tarafidan qamaldi, — dedi. — Nega, nega? — dedi hoji, otidan sachrab yiqilishga yetkan edi. — Sababi nima? — Sababi ma’lum emas. — Astag‘firulloh, — deb qo‘ydi hoji, o‘zini bir oz to‘xtatqan edi. Hasanali Otabekning Marg‘ilon borg‘anidan tortib, qamalishig‘acha bo‘lg‘an hikoyalarini so‘zlab ketdi. Yusufbek hoji bekning uylanishini ham oddiy gaplar qatorida eshitib o‘tkardi. — Marg‘ilonda turib bir ish chiqarishg‘a ko‘zim yetmagandan keyin Toshkand kelishka majbur bo‘ldim, — dedi Hasanali va shu gap bilan mojaroni so‘zlab tugatdi. Hoji vaqi’ani eshitib, chuqur bir mulohaza ichida borar edi. Uning qanday kishi bo‘lg‘anini Toshkandning yetti yosharidan yetmish yosharig‘acha bilganlikdan guzar va mahallalarda unga duch kelgan kishilar joylaridan turib salom berarlar, hoji bo‘lsa javob qaytarishni bilmas, go‘yo kishilarni ham ko‘rmas edi. Nihoyat shu holda ko‘b yurgach, orqasida kelmakda bo‘lg‘an Hasanaliga qarab otining boshini burdi va: — Otabek bilan birga qamalg‘anlarni necha kishi deding? — deb so‘radi. — Uch kishi: biri Mirzakarim qutidor, ikkinchi Ziyo shohichi, uchunchi Rahmat. — Yaxshi, sen bu to‘rtavining o‘lturishlarida bo‘lg‘anmiding? — Bo‘lg‘an edim. — Nima va qaysi to‘g‘rilarda so‘zlashdilar, Otabek qipchoqlarg‘a qarshi so‘zlamadimi? — So‘zlamadi. Boshqalarning ham bu to‘g‘rida so‘zlari bo‘lmadi. — Ularning majlislarida bo‘lmagan vaqting ham bo‘ldimi? — Har bir o‘lturishlarida men hozir edim. — Yaxshi, sen ular bilan qay yerlarda o‘lturish-ding? — Birinchi martaba Ziyo akanikida bo‘ldiq, ikkin-chi... — To‘xta, Ziyo akanikida mehmonlar necha kishi edilar? — Qutidor, Otabek, andijonlik Akram hoji, men, Ziyo akaning qaynisi — Homid degan birav. Ziyo aka va uning o‘g‘li... Hammasi yetti kishi. Yusufbek hoji otining yolini qamchisi bilan tarar ekan, uch-to‘rt daqiqa o‘ylab qolib, so‘ngra so‘radi: — Ikkinchi o‘lturish qayerda bo‘ldi? — Ikkinchi o‘lturish Ziyo akanikidan ikki kun so‘ng qutidornikida bo‘ldi. Bu majlisda ham o‘sha birinchidagi kishilar edilar. Yolg‘iz Homid yo‘q edi. — Tag‘in qayerda o‘lturishdingiz? — Boshqa joyda o‘lturishmadik... Mundan yigirma kundan keyin to‘y bo‘ldi. To‘yda albatta bunday so‘zlar gapurishilmaydir. — Ikkinchi majlisingizda kim hali, Homid dedingmi, nega yo‘q edi? — Bilmadim, nega yo‘q edi... Qutidor aytmagan bo‘lsa kerak. — Qamalg‘uchilar: Otabek, qutidor, Ziyo aka, Rahmat, shundog‘mi? — Shundog‘, hoji. — Seni ham qo‘rboshi yigitlari qidirdilar? — Qidirdilar. — Akram hoji Andijon ketkan edi. Shuning uchun uni topolmadilar, shundog‘mi? — Shundog‘. — Homidni-chi? — Uni qidirmadilar shekillik... Otabek qamal-g‘andan so‘ng alla qayerda ko‘rgandek bo‘laman. — Bizga kelin bo‘lmishni, go‘zal, dedingmi? — Ilohi Otabek salomat qutilsin, muhabbat qo‘yg‘anicha bor... — Kelinning suluvligi Marg‘ilonda ma’lum ekan-mi? — Ma’lum ekan, tillarda doston ekan. — Homid uylangan yigitmi, bildingmi? — Uylangan. Bizning hujraga kelganda, ikki xotini borlig‘ini o‘z og‘zidan eshitkan edik. — Homid sizning hujraga nima uchun kelgan edi? — deb so‘radi hoji, — nega buni boya so‘zlamagan eding? — Esimdan chiqibdir, — deb uzr aytdi Hasan, — Homid Rahmat bilan birga Otabekni Ziyo akanikiga taklif qilg‘ali kelgan edi va biz ularga osh-suv qilib jo‘natqan edik. Ammo ularning unday-bunday so‘zlari bo‘lmag‘an, to‘g‘rilikcha kelib ketkan edilar. — Yaxshi, o‘sha Homidni sen qanday odam, deb o‘ylaysan? — Qo‘lansa so‘zlik, ichi qoraroq bir yigit edi, — dedi Hasanali, bir oz borg‘ach so‘radi. — Otabekning ishini og‘ir, deb o‘ylamassiz? Hoji javob bermadi. Ul javob bergali ham qo‘rqar edi. Uningcha ish juda nozik, g‘oyatda qo‘rqunch edi. Chunki, Marg‘ilon zindonida yotguchi qipchoq dushmani bo‘lg‘an Azizbek otalig‘ining o‘g‘li edi. Toshkandning isyon chiqarg‘an bir zamonida Otabekdek bir yigitning Marg‘ilonda qanday gunoh bilan bo‘lsa-bo‘lsin ushlanishi har jihatdan ham mudhish edi. Ul o‘g‘lining qutilishi yo‘lida har bir mulohaza ko‘chasiga kirib chiqmoqda, ammo har birisidan ham bo‘sh va umidsiz qaytmoqda edi. Eng so‘ng o‘g‘lig‘a hujum qilg‘an bu falokatning tadbiridan aqli ojiz qoldi, miyasi ishlashdan to‘xtadi va shundan so‘ng — «Parvar-digoro, keksaygan kunlarimda dog‘ini ko‘rsatma», dedi va ko‘z yoshlari bilan soqolini yuvdi. — Hasanali, zinhor uning qamalg‘anini onasi bilmasin. — Albatta. Shundan so‘ng otlarini yetaklashib ichkariga kir-dilar. O'tkan kunlar — 18. Jar ... Bu kun soat o‘n ikkida Otabek ila qutidorning isyon-chiliq gunohi bilan dorg‘a osilishlarini jarchi shaharga xabarlab yurar va xalq og‘zida Otabeklarning emish-memish hikoyalari edi. Homid ila birgalashib kirgan mirshabni qo‘rboshi tashqarig‘a chiqmoqg‘a buyurdi-da, Homidni o‘lturishka imladi. Qo‘rboshi nimanidir so‘zlamoqchi bo‘lsa ham, negadir uning tili osonlik bilan harakatka kelmas va o‘zi ham bir turlik o‘ngg‘aysizliqda edi. Nihoyat qo‘rboshi o‘ziga bir turlik jasorat berdi: — Bobolar: «Dunyoniki miri kam ikki» deganlar, — dedi, — to‘g‘risi ham shundog‘: o‘zingni yuz yoqg‘a ursang ham tiriklikning yana bir boshqa yamog‘i chiqib turadir... Tuyg‘un Homid qo‘rboshining nima maqsadi borlig‘ini payqadi: — To‘g‘ri so‘zlaysiz, taqsir, — dedi, — dunyoniki hamisha mirikam ikki, shu yetishmaslik balosidan to‘yib, ba’zi vaqtlarda kishining dunyodan chiqib ketkusi kelib qoladir. Yaxshikim, dunyoda oshna, og‘ayni degan kimsalar bor... Agar shular bo‘lmasachi, kishi allaqachon dunyodan chiqib ketadir. Shuning uchun men og‘aynilarni ko‘zlarim ustida tutaman, ularni muhtojliq chog‘larida ko‘rsam, o‘zimni garav qo‘yib bo‘lsa ham ehtiyojdan chiqarishg‘a tirishaman. Qo‘rboshi tizasi ustiga ko‘ndalang qo‘yg‘an qilichi-ning ikki tarafidan bosib, bir qo‘zg‘alib qo‘ydi: — Bali, bali, mulla Homid, munday og‘aynilarning sadaqasi ketsang ham arzir, — dedi tomoqlarini qirib qo‘ydi. — Shu kunlarda o‘g‘ilchalarning yoshi yetib, sunnati nabiyunani bajo keltirish taqozo etadir... To‘y keraklaridan ko‘pini tadorik qilg‘an bo‘lsam ham, yetishmagan yerlari ham ko‘b. Shuni sizning kelishingiz oldida o‘ylab o‘ltirar edim... — Bek aka, — dedi Homid va tusiga yasama kulish chiqardi, — siz achchig‘lansangiz ham aytay: beklar zoti kishiga sira ham oshna bo‘lmas ekanlar. Ayniqsa siz hamon o‘zingizning beklig‘ingizga borib, istig‘nongizni eskicha olib borasiz... Boshingizda shunchalik qayg‘ingiz bo‘lur emish-da, bir og‘iz menga aytmas emishsiz? — Yo‘q, yo‘q, mulla Homid, — dedi, — bu yoqda gap bor: hukumat xizmatida turg‘aningdan keyin yuz yoqning mulohazasini qilar ekansan... — Tuzik, bek aka, ammo manim oshnachilig‘im tamom boshqachadir, — dedi Homid va yonchig‘ini chiqarib bir qo‘lidan ikkinchi qo‘lig‘a oltinlarni sanab tushira berdi. Qo‘rboshining ko‘zi oltinlar ustida o‘ynab bular barakasida qiladirg‘an sunnat to‘yisini, Marg‘ilon beklari oldida ortdiradirg‘an obro‘sini o‘ylamoqda edi. Oltinlardan yigirmatasi ajratilgach, sanoqqa ishonmay ko‘rib turg‘anim tushmi, deb uyqusiradi. Homid oltinlarni uzatdi, — mana, bek aka, bu arzimagan oltin xolis oshnalig‘imizning bog‘lanishidir, yana yetmagani bo‘lsa qarab turmasmiz. Qo‘rboshi titrab, qaxshab oltinlarni joyladi. Homiddan nihoyatda xursand edi: — Xo‘sh, mulla Homid, endi bu kungi hangamalardan so‘zlashayliq, — dedi bek. — Pochchangiz ila jiyaningizning bu ishka oralashib qolg‘anlari yomon bo‘ldi-da. Bu so‘zdan Homidning yuziga qayg‘irish alomati chiqdi va e’tibor bilan qo‘rboshining og‘zig‘a qaradi. Qo‘rboshi davom etdi: — Bu ikki begunohning qamalishlarig‘a ham o‘sha yaramas sabab bo‘ldi. Yo‘qsa ularni qamoqqa olishg‘a qushbegi buyurmas edi. Ammo kechagi qushbegiga so‘zlag‘an so‘zingiz Otabek ila qayin otasini o‘limga mahkum qilganidek, pochchangiz ila jiyaningizni bir qadar oqlaydilar. Shuning uchun men borg‘an so‘ng bo‘ladirg‘an hukm majlisida ehtimol qarindoshlaringizni qutqazishg‘a muvaffaq bo‘lurman. Har holda qarindoshlaringizning qattig‘ jazo tortishlari shubhalikdir, siz payqadingizmi, yo‘qmi kecha men jarchig‘a bu kungi osilg‘uchilarni Otabek ila Mirzakarim bo‘lg‘anlig‘ini ta’yinlagan edim. — Marhamatingizga qulluq, — dedi Homid, — ammo shundog‘ bo‘lsa ham qarindoshlarim to‘g‘risida xavfdaman... Buning boshqacharog‘ bir ebini topib bo‘lmasmikin? Boyag‘i mukofotlar qo‘rboshini chinlab bosh og‘ri-tishg‘a majbur etar edi. Bu to‘g‘rida ul ancha o‘ylab oldi: — Kecha qushbegi oldida Otabeklarni qay ravishda ayblab so‘zlag‘an edingiz, tag‘in bir eshitib ishning rejasini olay-chi? — Qushbegiga so‘zlag‘anim shunday edi — «Otabek aytdi: endi bizning Toshkand xalqi qipchoqlarning jabru zulmi va tadbirsiz idorasi ostida yotib juda to‘ydi. Boshlab Toshkanddan qipchoq balosini yo‘qotish uchun Azizbek va otam boshliq isyonga tayyorlandilar. Shu maqsadda Marg‘ilon og‘aynilarini ham qipchoqlarg‘a qarshi oyoqlandirmoq uchun meni bu yerga yubordilar. Biz tokay qipchoqlar qo‘l ostida ezilamiz va bir hovuch dalatoblarg‘a bosh egamiz, dedi. Otabekning bu so‘ziga qutidor va Akram hojilar qo‘shilishib, unga bu yo‘lda yordamlashmakchi bo‘ldilar. Ammo men bo‘lsam bu gapka qarshi tushib: sizlarning bu fikrlaringiz yanglishdir, biz uch yil bo‘yi janobi O‘tabboy qushbegining qo‘l ostlarida yashab hech bir zulm ko‘rmadik. Shu holda hukumat ustiga iqdomimiz kufroni ne’mat bo‘lur, dedim. Otabek menga qattig‘ so‘zlar aytdi. Pochcham ila jiyanim bo‘lsa manim fikrimda edilar, ammo uyimizga kelgan mehmon, deb ularga ochiq qarshilik qilmadilar. Bu majlisdan keyin men bir necha vaqt Otabek va yo‘ldoshlarining qonlari to‘kilmasin, deb bu gapni ichimga solib yurdim. Biroq Toshkandda Azizbek va Yusufbek hojilar isyoni boshlang‘andan so‘ng, o‘zimning bu ishimni hukumatimiz uchun xiyonat bilib, qo‘rboshi janoblariga xabar berdim. O‘zimning sodiqona bu xizmatim evaziga janoblaridan ojizona o‘tinchim shulki, bu sirni sizlarga bildirguvchi men bo‘lg‘anlig‘imni o‘zlaridan boshqa kimarsa bilmasin, hatto muttahamlar ham sezmasinlar» — mana, faqirning Otabeklarni ayblashim va qarindoshlarni oqlashim xulosasi shundan iboratdir. — Barakalla, — dedi qo‘rboshi, — sizning bu gapla-ringiz juda ham o‘rinlik tushkan, men ishonamankim, Ziyo aka bilan Rahmat qutulurlar. — Buni nimaga suyanib aytasiz? — Suyanchig‘ingiz ma’lum, — dedi qo‘rboshi, — qushbegiga Otabek ila qutidorni osmoq fikrini bergan bu so‘z, pochchangiz bilan jiyaningizni nuchuk qutqarmasin. — Pochcham bilan jiyanim ilgarigi so‘roqda qanday javob bergan edilar, buni xotirlay olasizmi? — Ularning javoblari kechagi sizning oqlashingizg‘a sira ham qarshi kelmaydir. Chunki ular majlisda bunday so‘z bo‘lmadi, deb tondilar. Bu ersa o‘z uylariga kelgan mehmonlarni rioya qilishlari bo‘lib chiqadir-da, yana ish sizning oqlashingizg‘a yopishib keladir. Homid tag‘in bir mulohazaga tushkan edi. Uning bu holini kuzatib turg‘an qo‘rboshi: — Endi ortiq o‘ylamangiz, mulla Homid, — dedi, — orada siz qo‘rqarliq hech bir ish yo‘q. Homid nimadir aytmakchi bo‘lar edida, o‘ng‘aysiz-lanib to‘xtar edi. Bir kuni qayta og‘zini jo‘plab qarasa ham yana so‘zlay olmadi. Qo‘rboshi uning bu holidan xabar topdi: — Gapuring, gapuring, munda yot kishi yo‘q. Qo‘rboshining bu so‘zi daldasida Homid jasorat-landi: — Bu kun hukm majlisida pochcham ila jiyanim so‘zlaridan yanglishib ketsalar nima bo‘ladir? — Nega yanglishsinlar, ular bilganlaridan ortiqni albatta so‘zlamaslar. O‘lim degan narsa ko‘z o‘ngiga kelib to‘xtag‘andan keyin Otabekdek mehmonlar rioyasi ko‘ngildan yuvilur, so‘zning to‘g‘risini aytishka majbur bo‘lurlar va ish ham sizning ayblash, oqlashlaringiz ruhiga kelib to‘xtar. Homid yana ham o‘ngg‘aysizlanib tushdi, o‘zining ichki sirriga shu choqg‘acha tushuna olmag‘an qo‘rboshig‘a la’natlar o‘qur ekan: — Ayblash, oqlash so‘zlarimning ruhini siz bir yoqqa qo‘yabering-da, ishning ichki tomonini mulohaza qiling, qo‘rboshi aka, — dedi. Xoin ila sotilg‘an ko‘zlar to‘qnashdilarda, bir-birisidan ma’no olishdilar va oraga bir necha daqiqa so‘zsizlik, jimjitlik kirdi. Qo‘rboshi chindan ham bu o‘ringacha Homidning ichki sirriga muttali’ bo‘lmag‘an, qo‘lig‘a kirgan oltinlarni ham yolg‘iz uning qarindoshlarining qutilishlari yo‘lidagi choychaqalar, deb bilar edi. Ammo endi ilgari va hozirda kissaga tushkan oltinlarni Otabek ila qutidorning qon baholari ekanligini sezib vijdoni to‘lqinlanayozdi va mutaraddid bo‘ldi. Qo‘rboshi-ning bu holi Homidni ma’lum ikki yo‘l ustida qoldirgan edi. Bu ikki yo‘l ustida qolgan Homid sarosima edi. O‘zini jahannamga yuborish va najotka chiqa-rish ixtiyori qarshisidag‘i bekning qo‘lida edi. Unga tez-tez qarar va hol tili bilan unga yana ko‘b oltinlar va’da qilar edi. Bu va’dalarni Homidning yuzidan o‘qug‘an qo‘rboshi — «ikki kishining xun baholari!» qichqirmoqqa bo‘lgan vijdon sadosini eshitib o‘lturmadi: — Endi bunga qarshi qanday yo‘llar ko‘zlaysiz? Homid o‘zining najot tomonig‘a og‘ishqanini sezib entikdi: — Qushbegiga qilg‘an ayblash, oqlash yo‘llarimni pochcham ila jiyanimga tushundirish kerak, deb o‘ylay-man. — Tushundirsak, tag‘in yaxshi. — Rahmat, bek aka, undog‘ bo‘lsa vaqt qochirmasdan ularning yonlarig‘a tushib, to hukm vaqtig‘acha uqdira olasizmi? — Mumkin, o‘zingiz tushsangiz yana yaxshi. Homid boshini chayqadi: — Otabek ila qutidorlarninggina emas, hatto pochcham ila jiyanimning ham manim bu ishlarda ishtirokim borlig‘ini bilmasliklari kerakdir. — Ma’qul. Ammo bunda sizning maqsadingizg‘a qarshi bir gap borkim, hukm chog‘ida qushbegi sizni yo‘qlasa nima bo‘ladir? Bu taqdirda ular sizning bu ishni omili bo‘lg‘anlig‘ingizni bilmaslarmi? Masalaning bu tomoni ham Homid uchun yomon edi. Farishtadek sof holda qolmoqchi bo‘lg‘an Homidning bu hol sirrini ochar, yuzidagi niqobini olishg‘a, raqiblar ila yuzma-yuz kelishka majbur etar edi: — Hukm majlisida bo‘lmaslig‘imni uhdangizga ololmaysizmi? — Uhdaga olmoq qiyin, — deb bosh chayqadi qo‘rboshi, — ammo bu bir ehtimolginadir, chunki, qushbegining bir narsaga qaror bergach, ortiq tekshirib o‘lturadirgan odati yo‘qdir. Homid uzoq o‘ylab turmadi, yuzidagi sovuq bir o‘zgarish ichida: — Mayli, basharti yuzlashmoqqa to‘g‘ri kelganda ham men hozir, — dedi, shundan so‘ng ajralishdilar. O'tkan kunlar — 19. Hukmnoma O‘tkir, qonsirag‘an xanjarini beliga osib, oyboltasini ko‘targan jallod qushbegining hukmiga muntazir edi. Qushbegining o‘ng tomonida qo‘rboshidan tortib shahar a’yonlari, qarshisida Otabek, qutidor, Ziyo shohichi va uning o‘g‘li Rahmat — gunohkorlar va ularning orqasida muhofiz yigitlar. Otabek bilan qutidorning gunohlari ulug‘ bo‘lg‘an-liqdan qo‘llarida kishan, Ziyo aka bilan Rahmatning qo‘llarida bu narsa yo‘q edi. Qutidorning yuziga o‘lik tusi kirgan, Otabek bo‘lsa garangsigan qiyofatda. Anovilar o‘zlarini bir muncha tetik tutmoqda edilar. Qushbegi o‘zining yozilib qo‘yilgan hukmnomasini qo‘lig‘a olib o‘qishg‘a hozirlandi. Hamma tip-tinch, yerga qarag‘an edi: «Menkim Marg‘ilon hokimi O‘tabboy qushbegi o‘z hukmimni xoqon ibni xoqon janobi oliy Xudoyorxon ismi shariflaridan eshitdiraman...» Xudoyor ismini eshitkuchi a’yon uning ta’zimi uchun o‘rinlaridan turib yana o‘lturdilar. Qushbegi hukmini o‘qudi: «E’timodlik bir kishining shahodatiga binoan toshkandlik Yusufbek hojining o‘g‘li— Otabek, bu kunda xonimizg‘a qarshi bosh ko‘targan Aziz parvonachi va o‘z otasining vakolatlari bilan Marg‘ilon kelib, bu yerdagi fuqarolarni ham xon janobig‘a qarshi oyoqlandirmoqchi bo‘lg‘an Otabekning bu harakati ululamir bo‘lg‘an janobga bog‘iyliq bo‘lib, uni, ya’ni Otabek Yusufbek hoji o‘g‘lini o‘lim jazosi bilan jazolash taqozo etadir. Ikkinchi, Otabekka yo‘lda ko‘makchi bo‘lib yurgan Marg‘ilon fuqarosi Mirzakarim qutidor ham shu jazoga sazovor tutiladir. Ziyo shohichi bilan o‘g‘li Rahmat bu bog‘iyliqdan xabardor bo‘laturib, vaqtida hukumatka ma’lum qilmag‘anlari uchun bir yildan zindon jazosiga mahkum bo‘lurlar!» — Haqsiz jazo, — deb Otabek kulimsirab qo‘ydi... Qutidor bo‘lsa chin o‘lik tusiga kirgan edi. Ziyo aka bilan o‘g‘li zindong‘a jo‘natildilar va Otabek bilan qutidor jallod qo‘lig‘a topshirildilarda, shuning ila hukm majlisi tamom bo‘ldi. Oradan o‘n daqiqa chamasi fursat kechkan edi, qushbegining a’yonga so‘zlab o‘lturgan hikoyasini tezroq bitishini kutmakda bo‘lgan qo‘rboshi nihoyat chidalmay o‘rnidan turdi va: — Dor ostig‘a borib hukm ijrosi vaqtida hozir tu-rishimg‘a ijozatlari bo‘ladirmi? — deb so‘radi. Ul bu so‘zni tugatar-tugatmas o‘rda qorovuli Pirmat ko‘rindi-da, qushbegiga qulluq qildi: — Bir xotin kishi arzim bor deydir, kirsinmi? Qushbegi qo‘rboshig‘a ruxsat ishorasini berib, Pirmatka dedi: — Kirsin. O‘xshamag‘an yerda bir xotinning arzga kelishi qo‘r-boshining ko‘ngliga shubha soldi. Majhula xotinning qanday arzi bo‘lg‘anlig‘ini bilib ketishka tilasa ham qushbegidan ruxsat olib qo‘yg‘ani uchun mahkamadan chiqishga majbur edi. Qo‘rboshi mahkama eshigidan dahlizga chiqar ekan, eskigina paranjiga o‘ralg‘an bir xotin qushbegi to‘g‘risig‘a to‘xtab, bukilib ta’zim qildi. Xotinda hayajon va entikish holatlari bor edi. Shuning uchun qo‘rboshining boyag‘i shubhasi yana kuchaydi, qushbegining ko‘zidan yo‘qolib turish maqsadida o‘zini eshikning orqasiga olib ketmay to‘xtadi. Xotin shoshilib kavshini yeshdida, eshik ostida nimanidir paranji ichidan oxtarindi. Xotinning bu harakatiga tushunolmay ajablangan qushbegi: — Ichkariga kirib arzingizni so‘zlang, opa, — dedi. Xotin ichkariga kirdi va qushbegi oldig‘a borib unga nimadir berdida, orqasig‘a qaytib eshik yonig‘a kelib turdi. Xotinning berib ketkan narsasi uch, to‘rt buklangan bir qog‘oz edi. Qushbegi sekin-sekin qog‘oz taxtla-rini ocha boshladi... — Xudo rizosi uchun tezroq. Yo‘qsa... ikki gunoh-sizning qonlarig‘a botarsiz! Xotinning bu so‘zidan a’yon bir-birlariga qarash-dilar. Qushbegi tez-tez qog‘oz taxlarini ochib bitirdi va yo‘g‘on qalam bilan yozilgan uzun bir maktubni o‘qumoqqa oldi. Maktubni o‘qub chiqish uzoqqa cho‘zilg‘anliqdan nihoyatda toqatsizlashgan edi. Oxirda qushbegi maktubning so‘ngrog‘ig‘a kelib to‘xtadi-da, chaqirdi: — Pirmat, Pirmat! Pirmat yugurib kirdi. — Labbay, taqsir! Qushbegining tovshida shu choqg‘acha eshitilmagan bir holat bor edi: — Darrov haligi osilish uchun yuborilg‘an gunoh-korlarning orqasidan ot bilan yugir! Dor ostidan bo‘lsa ham qaytarib kel! Buyrug‘imni qo‘rboshig‘a aytsang unar! Pirmat qulliq qilib dahliz tomong‘a qaradi: — Qo‘rboshi ham shu yerdalar, — dedi. — Chaqir! Dahlizdan qo‘rboshi kirib qulliq qildi. — Xizmat, taqsir. — Yaxshi, siz ketmagan ekansiz, — dedi qushbegi, — Pirmat bilan borib, darhol boyag‘i gunohkorlarni qaytarib kelingiz. Shubhasini bekorga bo‘lmag‘anini sezgan qo‘rboshi yonida tik turg‘uchi xoting‘a qarab oldi: — Sabab, taqsir? — Sababini surishtiradigan vaqt emas, chop dedim, chop! Qo‘rboshi qulliq qilib Pirmat bilan chiqdi. Uning keyinidan qushbegi «padar la’nat» deb so‘kinib a’yonlarga qaradi. Endi xotinning hayajoni bir oz bosila tushkan edi. Qushbegi qo‘lidag‘i xatni yana o‘qushg‘a tutindi. A’yoni shahar bunchalik ishka yaragan qushbegining qo‘lidagi maktubga va uni keltirguchi xotinga qarashmoqda edilar. Qushbegi maktubni ikkinchi martaba o‘qub chiqib xotinga qaradi: — O‘lturingiz, singlim, — dedi. Xotin o‘ltirmakchi bo‘lg‘an edi paranji ichidan uning atlas ko‘ylaklari va nafis oq qo‘llari ko‘rinib ketdi. Qushbegi yer ostidan xotinni kuzatdida, qo‘lidag‘i maktubning orqa, o‘ngini tekshirib qaradi. Maktub anchagina uring‘an, qog‘ozi shaloqlang‘an edi. So‘ngra xotindan so‘radi: — Qutidor bilan Otabekning kimi bo‘lasiz, singlim? — Qutidorning qizi, Otabekning xotini. Bu so‘zni eshitkuchi a’yon bir-birlariga qarashib qo‘ydilar. — Buni nega ilgariroq olib kelmadingiz? Qushbegining bu savolidan Kumushbibi qo‘rqunch bir ma’noni ongladi. Go‘yo «ish o‘tkan so‘ng kelibsan» degandek tushungan edi. Shuning uchun ul titroq bir ovoz bilan so‘radi: — Endi yaramaydimi? — Yo‘q, yo‘q, qizim, — dedi qushbegi, — men nega kecha va o‘tkan kunlarda olib kelmadingiz demakchiman. Kumushbibi bir entikib qo‘ydi va o‘zini to‘xtatib: — O‘zim ham bu maktubni shu bukun ko‘rdim, — dedi. — Maktubni ilgari ko‘rmagan edingizmi? — Ko‘rmagan edim. — Maktub qaerda ekan? — Uning eski kamzulining cho‘ntagida ekan. Shu gapdan keyin qushbegi maktubni o‘ziga yaqin o‘lturg‘an Azim ponsad boshig‘a uzatdi: — Siz ham o‘qub ko‘ring-chi, ponsad, — dedi va Kumushdan so‘radi, — o‘qug‘anmisiz? — O‘qug‘anman. — Eringizning hukumatka qarshi harakatini ilgari ham bilar edingizmi? — Qanaqa harakatini? — Masalan, biz otangiz bilan eringizni nima uchun osmoqchi bo‘ldiq? — Haqsiz, gunohsiz! — Bu maktub bilan eringizni o‘limdan qutila olishini sizga kim aytdi? — O‘zim bildim. — Bo‘lmasa ilgaridan eringizning o‘sha harakatini ham bilar ekansiz-da? — Yo‘q, taqsir, — dedi Kumush. Qushbegining maqsadig‘a endi tushunib olgan edi, — men onam bilan to shu kungacha ularning nima gunoh bilan qamalg‘an-larini bilalmay hasratda edik. Faqat bu kun kishilarning og‘zidan eshitib bildikki, siz uni Toshkanddan isyon chiqarg‘ali kelguchi, deb gunohkor qilur ekansiz. Onam bilan manim baxtimga kutmagan joydan mo‘’jizadek bu maktub topildi-da, men xizmatingizga yugirdim... — Kumush so‘zini tugata olmadi, chopishidan halloslagan Pirmat dahlizdan ko‘rinib, bekka qulluq qildi: — Dor yonidan qaytishdilar! Kumushbibi sachrab Pirmatning yuziga qaradi va uzoq tin olib qo‘ydi. Shu choqg‘acha xat o‘qub o‘lturgan ponsadboshi maktubdan yaxshi asarlangan edi. Maktubni yonidag‘ig‘a berar ekan, qushbegiga dedi: — Bu xat toshkandlik Yusufbek to‘g‘risidagi fikri-mizni tamom o‘zgartadir, taqsir! Uning Azizbek tomonliq bir kishi ekanligi Farg‘onaning har bir xos va omi og‘zida naql qilinsa ham ammo hech bir kimsa uning ichiga kirib chiqmagandir. Har kimning ko‘nglidagini yolg‘iz bir xudodan boshqa kim bilsin! «Yov qochsa botir ko‘payar» qabilidan shu choqg‘acha lom demay o‘lturgan shahar a’yonlari ham masalani onglab, so‘zga aralasha ketdilar: — Xudo haqni nohaq qilmadi, bechora yosh yigitning haqsizga qoni to‘kilmadi. — Qutidordek qo‘ymizoj bir odamning bunday zo‘r ishka oralashqanlig‘iga aql ham bovar qilmas edi. Go‘yo bu so‘zlar Kumushbibining o‘chkan charog‘ini qaytadan yoqarlar, umid osmonining yo‘qolib, yashi-rinib ketkan yulduzlari yana qaytadan o‘z o‘rinlariga kelib qo‘ng‘andek bo‘lurlar, uning ko‘z o‘ngida joy olgan qoraliqlar shu yoqila boshlag‘an najot sham’lari partavi bilan o‘z-o‘zlaridan yo‘qolg‘andek ko‘rinarlar edi. Dahliz eshigi ostida bir durkum oyoq tovushlari eshitilib qo‘rboshi ko‘rindi. — Kelishdilar, taqsir, kirsinlarmi? Qushbegi javob berish o‘rniga maktubni olib ko‘rpacha ostig‘a yashirdi va Kumushbibini tanbihladi: «Majlisda manim ruxsatimdan boshqa so‘zlashingiz otangiz bilan eringizning o‘limlarini tilashingizdir, tushundingizmi?» Kumush qabul ifodasini bergandan so‘ng qushbegi dahlizda qarab turg‘an qo‘rboshig‘a «Kirsinlar» dedi. Kumushbibi ularni boya yo‘l ustida, yigitlar orasida ko‘rgan bo‘lsa ham biroq dahshat ichida faqat o‘rdaga qarab yugira bergan edi. Endi «Kirsinlar» jumlasini eshitgach, yuragi ortiqcha sho-pirinib ketdi, uning istiqbolig‘a turishni va bo‘ynig‘a osilib yig‘lashni tilasa-da, qarshisidagi «olabo‘jilar» bunga moni’ edilar. Shu vaqt yigitlar oldida, qo‘llarida kishan bo‘lg‘ani holda Otabek bilan qutidor kirdilar. — Yigitlar, siz chiqingiz! Qo‘rboshi, siz kishanlarni yeshingiz! — deb buyurdi qushbegi. O‘zining mundan keyingi ko‘rguliklarini foji’alar vodiysida ko‘rgan qo‘rboshi boshlab kishan kalidini qutidor qo‘lig‘a soldi. Kalidni burar ekan, uning qo‘li dirdir qaltiramoqda edi. Homidning noma’lum bir g‘arazi yo‘lida qurbon qilinayozg‘an va bu g‘arazda o‘zining ham ishtirokining borlig‘ig‘a qoyil bo‘lg‘an qo‘rboshi ishni bu yanglig‘ akslanishidan sirning ochilg‘anini muqarrar bilib, o‘zini shu soat jallod qo‘lig‘a topshirilishini aniq kutmakda edi. Ming balo bilan qutidor qo‘lini bo‘shatib, gal Otabekka yetdi. Otabek qo‘llarini bo‘shatg‘uchi qo‘rboshining bunchalik titrab, qaltirashidan o‘z raqiblaridan bittasi shu kishi bo‘lg‘anini o‘yladi. Garchi o‘zining najoti hali qorong‘u ersa-da, qo‘rboshini bir sinab ko‘rish uchun hamma kuchini ikki ko‘ziga yig‘dida, unga qaradi. Favqulodda dahshat kasb etkan uning ko‘zlari qarshisida qo‘rboshining gunohkor ko‘zlari chiday olmadilar-da, yerga boqdilar, Otabekning bu sinashi o‘z fikrining to‘g‘ri bo‘lishi bilan natijalandi. Qushbegining buyrug‘i bilan ikki gunohkor tiz bukib o‘lturdilar. Qo‘rboshi ham to‘rbasini yo‘qotqan gadoydek qushbegining chap yonig‘a, Kumushbibining yuqorisig‘a borib o‘lturdi. Otabek va qutidorning ko‘zlari Kumushbibiga tushkan bo‘lsa ham o‘z qayg‘ulari bilan bo‘lib unga iltifot qilmag‘anlar, hokim mahkamasida paranjilik xotinning nima qilib yurganlig‘idagi favquloddalik ham eslariga kelmagan edi. Dor ostidan qaytish sirri, qo‘ldan kishanlarni olinish sababi ularni juda shoshirg‘an, shuning uchun qushbegining og‘zig‘a qarag‘an edilar. Qushbegi bo‘lsa negadir uzoq o‘ylab o‘lturar, tezda gap ochmas edi. Bu holda butun majlis ahli qabziyatda, qirq quloq bo‘lib uning og‘zig‘a tikilgan edilar. Ammo bu holga qo‘rboshi jonu dildan tarafdor, shu holda bir necha kunlab emas, yillab so‘zsiz qolishni tilar edi. — Otabek, — dedi qushbegi so‘z boshlab, — qo‘lg‘a oling‘an kuningiz menga o‘zingiz bilan otangizning qanday kishilar bo‘lg‘aningizni, ya’ni maslakingizni so‘zlag‘an edingiz. Ammo biz o‘shal so‘zlaringizga dalil va isbotsiz ishona olmaymiz. Sizni dor ostidan qaytarib kelishimiz ham o‘shal da’vonigizga birar isbotingiz bormi yoki quruq bir gapmi, deb hukmning ijrosini bir oz fursatka to‘xtatishdir. Endi siz o‘shal da’vongizni isbot qila olasizmi? — O‘shal kungi manim so‘zlag‘anlarim, otam bilan manim ichki sirlarimiz edi, — dedi bek, — albatta bunga guvoh va isbot topish qiyindir. Agarda otam kelib manim so‘zimni quvvatlag‘anda ham bari bir siz, o‘g‘lini qutqazish uchun so‘zlaydir, der edingiz-da, ig‘vogarlar-ning gapiga ishonib o‘z hukmingizni qila berar edingiz. Yashindek so‘qqan uning bu so‘zlaridan qushbegi o‘zini arang to‘xtatdi: — Demak, o‘sha so‘zlaringizni isbot qilish uchun hujjatingiz yo‘q? — Yo‘q... Isbot uchun vijdonimdan boshqa shohidim yo‘q. — Yaqin orada Toshkanddan birar narsa olg‘anmi-dingiz? — Ya’ni nima? — Masalan xat. Otabek ko‘b o‘ylay olmadi, butun borlig‘i bilan harakat qilib qichqirdi: — Oldim, oldim! Isbotim ham bor! A’yoni shahar uning bu holiga chidab turolmay ko‘zlariga yosh oldilar. Otabek yana dedi: — Odam qo‘shsangiz men keltiray guvohimni! — Tinchlaningiz, Otabek, — dedi qushbegi, Otabek bir oz o‘zini yig‘ib olg‘andan keyin so‘radi, — nima olg‘an edingiz? — Maktub. — Kimdan? — Otamdan. — Qachon? — Toshkandda isyon boshlanish oldidan. — Undan keyin-chi? — Olmadim. — Otangiz o‘sha xatida nimalardan bahs qilar edi? — Tushunmagan Toshkand xalqini Azizbekning makriga uchkanidan, eng oxirda... — asarlanib to‘xtab oldi, — manim shu holga tushmog‘imni karomat qabilidan so‘zlab, menga bir muncha nasihatlar ham qilgan edi. Otabekning bu so‘zidan keyin ponsadboshi — «endi bo‘lar» degandek qilib qushbegiga qaradi. Qo‘rboshi ersa Otabekning ustida hali bunchalik tergashlar borlig‘i uchun o‘zini bir oz to‘xtatib qoldi. Qushbegi ko‘rpacha ostidan xatni olib Otabekka ko‘rsatdi. — Bu qanaqa maktub, taniysizmi? Otabek ko‘rguchi ko‘zlariga ishonmag‘andek: — Taniyman, — dedi, — ta’rifini sizga so‘zlag‘a-nim, otam maktubi! Taajjub, buni sizga kim keltirdi, taqsir? Qushbegi yengilgina iljayib Kumushbibiga ishorat qildi: — Najot farishtasi, — dedi. Qutidor bilan bek yalt etib Kumushka qaradilar. Endi Kumush ortiq chidab turolmadi: — Otajon, men qizingiz! Otabekning qulog‘ig‘a eshitilgan bu tovush uning yuragini ingichka yeriga borib tekkan edi. Esini yo‘qotib turg‘an qayin otasig‘a qaramay: — Sizmi, Kumushmi? — deb so‘radi. — Men, men! Bu savol-javob ila ikki vujudning hamma hasratlari, alamlari bir-birlariga onglashilg‘an, ikki tovushning bir-birisiga kelib qo‘shilishidan ikkisiga ham til bilan onglatib bo‘lmasliq bir hol yuz bergan edi. — Bu senmi, qizim? — Men, otajon! Bu o‘ringacha boshqa bir mulohazada o‘lturgan qushbegi ularning so‘zlarini bo‘lib, Otabekdan so‘radi: — Qulingiz Hasanalini nega shu kungacha topib bo‘lmadi? — Qamalg‘an kunimdan beriga undan xabarim yo‘q, taqsir, — dedi-da, Otabek Kumushka qaradi. — Bu kun o‘n ikki kun; Hasanali ota Toshkand ketmishdir, shundan beri undan darak bo‘lmadi, — dedi Kumush. — Toshkand ketishka uni nima majbur qildi? — deb o‘rinsiz bir savol bergan edi qushbegi, Kumushbibi uning nima uchun ketkanligini aytib qanoatlantirdi. Masala yana xat ustiga o‘tib, Otabek qushbegidan so‘radi: — Qo‘lingizdag‘i maktub bilan ehtimol biz oqlan-g‘an chiqarmiz? — Qushbegidan tasdiq ishorasini olib davom etdi. — Hozir biz sizning adolatlik hukmingizdan bir narsani so‘raymiz: ul shuldurkim, bizning to‘g‘rimizda yomon maqsad bilan sizga chaqimchiliq qilg‘uchi ig‘vogar va g‘arazgo‘lar bu majliska hozirlansinlarda, o‘zlarining mash’um kashflarini va yo ko‘rgan-eshitkanlarini isbot qilib bizni qayta boshdan dor ostig‘a yuborsinlar. Bil’aks isbot qilolmas ekanlar, bizga qazig‘an chuqurlarig‘a o‘zlari yiqitilsinlar! Ado-latingizdan bizning talabimiz shul! — dedi va qo‘rboshig‘a qaradi. Uning yuzida qo‘rqish va iztirob alomatlari ko‘rdi. — Talabingiz o‘rinlik, — dedi qushbegi, — ammo xasmingizni bu majliska hozirlash uchun vaqtimiz ozdir va lekin bu kun uni qo‘lg‘a olarmiz va birisi kun beshovingizni bir yerga jam’lab o‘z hukmimizni berar-miz, — dedi. Kumushbibiga yuzini o‘girdi. — Qizim, sizning bunchalik zakovat va jasoratingizga otangiz bilan eringiz har qancha tashakkur aytsalar va o‘zlarining mundan so‘ngg‘i umrlarini sizning baxshishingiz, deb bilsalar arzir. Men ham sizning bu xizmatingiz evaziga eringiz bilan otangizni hozirdan boshlab ozod qildim. Ammo Otabek ish bir taraflik bo‘lg‘uncha o‘zining qochmaslig‘i uchun kafil berishka majburdir. Hamma mol va mulki bilan qutidor Otabekka kafil bo‘ldi va qushbegining haqig‘a duo qilib, uchavlari mahkamadan birgalashib chiqdilar. — Ziyo aka bilan o‘g‘li Rahmatni bo‘shatingiz, so‘ngra anovini qo‘lg‘a olingiz! — degan amrni olib, qo‘rboshi ham siljidi. Shuning ila bu kungi hukm majlisi tamom bo‘lib, shahar a’yonlari taajjub ichida tarqala boshladilar. O'tkan kunlar — 20. Istiqlol dardi Yetmish kunlik bir muhosaradan keyin uch ming sipohni bir yarim mingga tushurib, bir yarim ming sipohni Toshkand qo‘rg‘onlari ostida qurbon berib, Normuhammad qushbegi quruq qaytishg‘a majbur bo‘ldi. Bu yetmish kunlik qamal vaqtida Azizbekning sodiq fuqarolari bo‘lg‘an toshkandliklar aztahidil unga xizmat qilib, jonbozliq ko‘rsatib, nihoyat qipchoqlarni umidsiz Qo‘qong‘a qaytarishg‘a noil bo‘ldilar. Noil bo‘ldilar, ammo o‘zlari ham yaxshig‘ina bo‘lib qoldilar. Yetmish kunlik bir qamal, yetmish kunlik chetdan va eng ozi qishloqlardan munosabatni uzib turish, albatta Toshkandni bo‘ldirib qo‘yg‘an edi. Bu yetmish kunlik bir qamal Toshkandning hali yig‘ishtirib kira olmag‘an donlarini, ekinlarini yov qo‘lida qoldirdi. Savdo ishlari butunlay to‘xtab, savdogarlar zo‘r falokatka uchradilar. Kosib, faqir xalqning holi juda yomon edi: nonsiz, donsiz, kiyimsiz, suvsiz, alohozalqiyossiz bo‘lib eng oxirgi chekka yetkandagina qamal balosidan «yaltirasin, qaltirasin» muzaffariyat bilan qutildilar. Xalq o‘zining bu yetmish kun ichida tortqan mashaqqat va azoblarini qipchoqlar ustidan chalg‘an g‘alabasi bilan bir daraja yuv-di-da, kasbiga, ekin-tikiniga urinib ko‘rishni o‘yladi, to‘g‘risi o‘ylay ham olmadi... Azizbek, mundan keyingi Toshkandning mustaqil hukmdori Azizbek! Qipchoqlarg‘a chalg‘an g‘alabasi uchun ul terisiga sig‘maydir... Ul endi «Qipchoqlar Toshkandni olib qolsalar...» degan mudhish xavfdan qutilg‘an, ul endi Toshkand va atrofining xoni, xoqoni! Endi duxoba va atlaslar ustidagina o‘lturmoqqa qanoatlanmay o‘z sha’niga, o‘z qudratiga muvofiq tojlar, taxtlar yasamoqchi. O‘zining eski mahramiga ko‘ngli to‘lmay boshqa bir o‘yinchi, ashulachi, husndor bir mahram topmoqchi va o‘zining bu mashhur mahrami bilan yer yuziga (Turkiston va Buxoroga) dong‘, shuhrat chiqarmoqchi! Azizbek endi juda xotirjam’ edi. Qipchoqlarning qaytadan Toshkand ustiga kelishlarini ehtimol ham tutmas edi. Chunki o‘zining qipchoqlarg‘a bergan zarbasini ularga yuz yilsiz o‘ngg‘alish bermas, deb bilar edi. Hamma ish joyida, lekin bir narsagina ko‘ngilning ingichka yerini jarohatlaydir. Azizbek ko‘ziga hozir yorug‘ dunyo qorong‘u, bu qorong‘uliq ichida boyag‘i shirin xayollar, ishlatiladirgan toju taxtlar va boshqalar ko‘rinmay qoladirlar: yetmish kunlik qipchoq urushi ming turlik yo‘llar bilan yig‘ilg‘an xazinani barbod bergan, xazina qipchoqlar ustidan g‘alaba va istiqlol mastliklari yo‘lida qurig‘an, fuqaroning jon otib, qipchoqlarni qirib yo‘g‘ganlari uchun in’omlarga, ehsonlarga va oziq-ovqatlarg‘a qurbon qiling‘an. Mana shu edi Azizbekning ko‘z o‘nglarini qoron-g‘ulatadirg‘an jarohat! Bu ishning kengashiga emas, berilgan qarorni amalga oshirib berishlik uchun Yusufbek hojiga yigit yuborib, hozir uni to‘rt ko‘z bilan kutib o‘lturar edi. Nihoyat yarim soatlik bir kutishdan so‘ng Yusufbek hoji eshik ostidan ko‘rindi. Azizbek odatiy qarshilash yonig‘a bir navozish ham ilova qilib, hojiga yuqoridan joy ko‘rsatdi. Bu favqulodda navozish sababini o‘ylamoqqa hoji-ning vaqti yo‘q, chunki o‘zining qayg‘usi o‘ylashqa, fikrlashqa yetarlikdir. Ko‘zining oqu qorasi bo‘lg‘an Otabekning holi nima kechti, qorong‘i zindonlarda, rutubatlik, zax yer ostlarida ochlikdan, tashnalikdan, sovuqlikdan aziz ko‘kragini yerga berib jon berdimi-kin?— Zolim beklar, qonxo‘r hokimlar, rahmsiz jallodlar, mash’um dorlar va qo‘rqoq xalqlar orasida keksa otasini, mushtipar onasini ko‘ralmay dunyodan ketdimikin? — Mana shunday ming turlik vasvasalar ichida qarshisidag‘i Azizbekni ham unutmoqda edi. Azizbek bo‘lsa «javohir qadalg‘an tojlar, oltin taxtlar, nozanin parivashlar, dong‘dor mahramlar» haqidag‘ina o‘ylar edi. — Hoji, — dedi Azizbek so‘z ochib, — manim sizni o‘rdag‘a chaqirg‘anim sababini albatta bilmagandirsiz? Yusufbek hoji xayolidan ko‘z ochdi: — Taqsir... chaqirishingiz albatta fuqaroning tinchlig‘i, raoyoning rohati, hukumatning barqaror turmog‘i uchundir. Hojining bu so‘zi Azizbekni yashindek urdi. Uning ko‘z o‘nglari qorong‘ilanib, haligi shirin xayollar tag‘i qorong‘iliqda yashirindilar. Ul ortiqcha o‘ng‘aysizlandi va tilartilamas: — Shundog‘... — dedi va bir oz o‘ylanib qolgandan keyin: — yetmish kunlik qamal bilan xazinamiz juda g‘ariblandi, hatto shu keyingi kunlarda sipohlarning ozig‘i uchun ham qiynalib qoldiq. Mana shu to‘g‘rilarda sizni kengashka chaqirg‘an edim, — dedi. — Ma’qul, taqsir. — Men bu to‘g‘rida bir qarorg‘a ham kelib qo‘ydim. — Qarorlari muborak bo‘lg‘ay. — Qarorim shundan iboratdirkim, ertadan boshlab yurtka o‘ttuz ikki tangadan soliq sochasiz. Yusufbek hoji yurt besaranjomlig‘i va o‘g‘ul qayg‘usi bilan asabiylashkan edi. Azizbekning bu ablahona qaro-riga qarshi qizishdi. Azizbekning bu zolimona buyrug‘ig‘a qarshi qattig‘ so‘zlar aytishka o‘ylasa ham achchig‘ini qanday kishiga aytilishini o‘ylab, o‘zini bir oz yig‘di. — Taqsir, amringizga qarshi tushadirg‘an joyim yo‘q,— dedi, — lekin shunisini bir oz o‘ylamoq kerakki, yurt yetmish kun qamal kechirdi. Onadan tug‘ma azoblar, ochliqlar o‘tkardi va o‘tkarmakda. Menga qolsa bu kunlarda o‘ttuz ikki tanga emas, o‘ttuz ikki qora pul solish ham og‘irdir. Yurt besh-o‘n kun orqa-o‘ngini olsin, so‘ngra... — Hoji so‘zini tugata olmadi, hojining ters so‘ziga chidalmagan Azizbek vahshiylarcha hayqirdi: — Nima deysan?! Hoji ishning bunchalik yomong‘a ketishini o‘yla-mag‘an edi. Shu daqiqada ishning oldini olmasa, endi gap faqat Azizbekning jallod chaqirishig‘a kelib qoldi: — Taqsir, siz yig‘, der ekansiz ertaga emas, bu kundanoq yig‘a boshlayman. Yurt qani bermasinchi? Faqat menga sizning buyrug‘ingiz kifoyadir. Bu so‘z Azizbekka sihr kabi ta’sir qildi, dahlizda turg‘uchi yigit orqaliq jallod chaqirishg‘a jo‘blangan tili o‘z zarariga harakatlandi: — O‘rda begiga ayt, hojiga bir kimxob to‘n chiqarib kiydirsin! — dedi. Yusufbek hoji egnida kimxob chopon bilan o‘rdadan chiqdi. O‘rdadagi «Chopon muborak bo‘lsin!» deb so‘rag‘uchilarg‘a istehzo iljayishi ostida bir turlik muhmal javob berar edi. Ul o‘rda ko‘prugidan o‘tar ekan, boyag‘idek qilib o‘zicha yana bir kulimsirab qo‘ydi va telbalarcha o‘z-o‘ziga so‘zlanib ketdi: «O‘ttuz ikki tangadan soliq yig‘, emish... Bir haftadan keyinga qolmasin emish... Soliq yig‘ishda qarshiliq qilg‘anni darraga yotqizish, muvofiq ko‘rilganda osdirish haqqi ham menga berilgan emish... Go‘yo Yusufbek ham o‘zidek bir qonxo‘rg‘a, bir zolimga aylansin emish... Men qonxo‘rliq uchun xudoning farz qilg‘an hajini ado qilmadim; oldimda o‘g‘lum bor, menda boshqalarning o‘g‘lini darraga yotqizish chog‘ida ko‘ndalang keladirgan vijdon bor, din bor, diyonat bor. Bizning xalqni yer yutsin. Azizbekning tulkiligiga uchdida, uning kechagi zulmlarini unutdi, yetmish kunlab bir zamon jon berib, jon olib nihoyat xizmat haqqi uchun o‘ttuz ikki tanga mukofot, eng keyingi burda noningni ham ber!» O'tkan kunlar — 21. Inqilob Yusufbek hoji ustida boyag‘i kimxob to‘ni bilan Shayxantahurning Zanjirlig‘iga yetib, guzarda yig‘ilib o‘lturgan va o‘ziga salom berish uchun o‘rinlaridan turgan xalqqa xitob qildi: — Uying kuysin, musulmonlar! Yaxshi deb yo‘lida jon berganing Azizbek, bu kun senlarga yaxshilig‘ingni o‘ttuz ikki tanga soliq bilan qaytarmoqchi bo‘ldi. Hozir senlarga ikki yo‘l: o‘g‘ul, qizingni sotib bo‘lsa ham o‘ttuz ikki tangani Azizbek xazinasiga to‘lash yoki es borida etakni yopib Azizbekni oradan ko‘tarish... Uying kuydi, musulmonlar! — O‘ttuz ikki tanga! Xalq Yusufbek hojidan bir zarra yomonliq yoki bo‘lmag‘ir bir kengash eshitmagan va shuning uchun ul qayoqqa yursa, shu yoqqa borishqa hozir turar edi. Ayniqsa o‘ttuz ikki tanga dovrug‘i guzar ahlining yuraklarini uyushdirib, buni eshitish bilanoq isyonga qo‘l qo‘ydilar. Boshlab Zanjirliq xalqi ko‘chalarga chip tashlash, Azizbekka qarshi urush hozirligi ko‘rish xayoliga tushdi. Yusufbek hoji to Eski Jo‘vaga yetkuncha o‘zining yuqoridag‘i so‘zini ko‘y, guzar xalqig‘a takrorlab kelmakda edi. Eski Jo‘vada azim bir jamoat yig‘ib, Azizbek bilan bo‘lgan mojarosini so‘zladi va ustidagi kimxobni ko‘rsatib istehzo tariqasida: — Soliqni bermangiz demayman, chunki sizning itoatingiz menga bundog‘ to‘nlar berar! — dedi. Xalq nihoyatda qizishdi. Go‘yo birisi quvrag‘an to‘qayg‘a o‘t turtdi. Ho‘lu quruq deganlaridek katta-kichik barobar yonmoqqa oldi. — Yaxshilig‘imizni unutdi, do‘ng‘iz! O‘ttuz ikki tan-gani yaxshilab beraylik biz unga! Ozi bir oy o‘tmas-danmi, andishasiz?! — degan so‘zlar eshitila boshladi. Darrov uch kishini Sebzor, Ko‘kcha va Beshyog‘och dahalariga xabar uchun jo‘natildi. Yo qirilib bitish va yo Azizbekni oradan ko‘tarishka fotiha o‘qildi. Orada bir soat ham o‘tmadi, butun do‘konlar yopilib, Toshkand ko‘chalari chiplar bilan to‘ldi. Barcha yarog‘langan, urushka hozir edi. Shaharning olalanish xabari o‘rdaga ham eshitildi. Ishni kichkina deb o‘ylag‘an Azizbek shahardan ahvol olish uchun Rayimbek dotqoni elli chog‘liq yigit bilan buyurdi. Ahvol olg‘uchilar Zanjirliqqa yetish bilan naq ishning qay darajaga yetkanini payqadilar: ko‘chalar chip bilan to‘lg‘an, chip orqalari shashvar, miltiq, xanjar, nayza ushlagan olomon bilan liq edi. Rayimbek dotqoning «Chiplarni yig‘ishtiringiz, o‘zlaringiz tarqalishingiz!» deb aytkan yaxshi so‘ziga quloq solg‘uchi bo‘lmadi. Dotqo dag‘allik qilgan edi, olomondan bittasi miltiq otib, ikki sipohni yiqib ham qo‘ydi. Kechki soat to‘rtlar, asrdan bir oz ertaroq hukumat askari bilan xalq orasida urush boshlandi. Yarim soatlik otish, chopishdan so‘ng sipohlar Zanjirliq olomonlarini qochirib, Baland masjid chipiga yetdilar. Jon achchig‘ig‘a uchragan Azizbek o‘rdaga bir muncha sipoh qoldirib, butun kuchini yig‘ishtirg‘an holda Rayimbek dotqo ko‘magiga yetishdi. Buning ila sipohlar tag‘in ham kuchayib, olomonni Xadraga qarab surishka muvaffaq bo‘ldilar. Xadra chipida qonliq urushlar boshlandi. O‘ttuz ikki tanga soliq xavfida olomon ham Beshyog‘och, Sebzor, Ko‘kcha dahalaridan o‘ziga har zamon yarog‘liq yordamlar olib turmoqda edi. Bu kun kechasi Toshkand qon ichida, mahallalarda bo‘lg‘an hukumat kishilari xalq tomonidan o‘ldi-riladirlar, uylariga o‘t qo‘yilib mollari talong‘a tushadir. Shaharning yuraklik yigitlari Xadra chipiga qarab chopadirlar, yuraksiz va keksalar guzar va mahallalarga to‘nkalardan gulxan solib, «o‘ttuz ikki tanga» qayg‘usida olomong‘a muzaffariyat tilaydirlar. Yarim kechalar vaqti olomon Xadradan Eski Mis-karlikka qarab surilishka majbur bo‘ldi. Kutilmagan bu surilishlar Yusufbek hojini katta tashvishka solib qo‘ydi. Mundan so‘ng xalqning o‘ziga ishonib turolmay Toshkandni ololmay qaytqan Normuhammad qushbegiga yordamga yetib kelish uchun chopar yugurtirdi. Eski miskarlikda ikki taraf ham tong otdirdilar. Ertalab yana qonli urushlar boshlandi. Ammo xalq endi o‘zini ancha tutib qolgan va har daqiqa to‘rt tarafdan yangi kuchlar olib turar edi. Shuning uchun sipohlar bir adim ilgari bosolmay qoldilar. Ammo xalq sipohlarni bossa bosqundek tovranar edi. Bu holdan nihoyatda bo‘g‘ilg‘an Rayimbek dotqo qilich yalanglab, sipohlar oldida olomong‘a qarab yugurdi. Biroq uning bu g‘ayrati o‘zi uchun halokat bilan natijalanib, Usta Mo‘minjon ismlik bir miltiq ustasining otqan o‘qi bilan ko‘kragidan yaralanib yiqildi. Rayimbek dotqo Azizbek hokimiyatining tiragi edi. Uning qatlidan so‘ng sipohlardan ruh tushti. Hatto Azizbekning buyrug‘ig‘a ham quloq solmay to‘sto‘ska qochib boshladilar. Nihoyat Azizbek ham yonidag‘i qirq, ellik sodiq kishilari bilan qochib, o‘rdaga qamalishg‘a majbur bo‘ldi. Yusufbek hoji boshliq yer va ko‘kka sig‘mag‘an muzaffar xalq o‘rda tevaragini qurshab tushdi. Azizbek tezda berilmagani uchun minglab xalq o‘rda atrofidan siljimay, hatto oshsuvlarini ham shunda yeb xotirjam’ yotib oldilar. Azizbek uchun kutilmagan falokatlar yuz bergan edi. Qochib qutilish mumkin bo‘lg‘ani holda tuzoqqa tush—kandek o‘rdaga ham qamalib bergan edi. Nima qilsin, qanoti yo‘qki uchib qutilsa... Qamalishining ikkinchi kuni o‘rda tomiga chiqti, eng keyingi, ham eng pastarin chorani ko‘rmakchi edi bu xoqon. Boshlab fuqarog‘a salom berdi, so‘ngra siniq va ojiz qolgan bir tovush bilan xalqqa uzr aytdi: — Endi o‘zimning qilmishlarimdan pushaymon bo‘ldim... Men sizlarning qilg‘an yaxshiliqlaringizni unutqan ekanman... Sizlar o‘zlaringizning bu ishlaringiz bilan manim ketkan aqlimni yana miyamga o‘rnatdingiz... Rahmat fuqaro... Gunohimni kechiringiz, qilmishlarimdan pushaymon bo‘ldim, fuqaro! Ammo xalq bunday yolborishlarg‘a, tavba-tazarru’-larga quloq solmadi, chunki ish o‘tkan, g‘isht qolipdan ko‘chkan edi: — Endi esing kirdimi, o‘g‘ri? Burundan o‘ylab ish qilsang boshingda bu balolar yo‘q edi! Sen bizlarga nima ishlarni qilmading? Kun sayin necha gunohsizlarni osdirg‘an, kesdirgan, bolalarimizni yatim, onalarimizni qon yig‘latqan sen emasmisan? Xanjaringni xayf ko‘rib mahallarga chayon solig‘i solg‘an, og‘alarimizni chayon zahri bilan o‘ldirgan kim edi? Ket to‘ng‘iz, ket, tavba qilish zamoni o‘tdi, taqdiringga sen ham tan ber! — der edi xalq. Xalq shuningdek gaplar bilan yuz yoqdan unga hujum qilib, hatto adabsiz so‘zlar bilan ham so‘kar edi. Azizbek hamon «Tavba qildim, fuqaro!» jumlasi bilan uzrini aytib turar edi: — Siz yaxshilarim, bu qisqa o‘ylashingiz bilan o‘z oyog‘ingizg‘a o‘zingiz bolta urib, yana qipchoqlar qo‘liga qaram bo‘lasiz! Manim tavbamni loaqal o‘zlaringiz uchun qabul qilingiz! Azizbekning bu so‘zlaridan keyin olomon tag‘i qizishib, quyidagi so‘zlari bilan ko‘kni ko‘tardi: — Ikki qayta aldanish yo‘q! Sendek itdan bizga qipchoq yaxshi! Xalqning bu javobi ishning ne darajaga yetkanini onglatarliq edi. Shu gapdan keyin Azizbek tamom umidsizlanib, dunyolarcha ma’yusiyat ichida tomdan tushib ketdi. Yusufbek hojining Normuhammad qushbegiga yuborg‘an chopari Kirovchi yaqinida unga yetkan va qushbegini tamomi sipohlari bilan Toshkandga qaytarg‘an edi. Alamzada qushbegi bu so‘yinch xabardan uchib-qo‘nib Azizbekning o‘rdaga qamalishining uchunchi kuni karnay-surnay bilan yetib keldi. Olomon yonig‘a qipchoq sipohlari kelib qo‘shilg‘andan keyin o‘rdaga bosib kirdilarda, Azizbekni ushlab ham oldilar. Yetmish kun bir muddat ovora qilib, minglab kishi qonini to‘kishka sabab bo‘lg‘an Azizbekni Qo‘qong‘a olib borib topshirish Normuhammad qushbegi uchun qiymatli edi. Ul o‘rdada o‘lturar ekan, bunday ulug‘ dushmanni qo‘lg‘a tushirishning bosh omili bo‘lg‘an Yusufbek hojiga o‘z minnatdorchilig‘ini aytib tugata olmas, uning bu xizmatini xon bilan Musulmonqulg‘a so‘zlab, unga katta bir martaba olib berishka va’dalar berar edi. Albatta Yusufbek hojiga bu va’dalarning hech ahamiyati yo‘q, faqat ul o‘g‘lining sog‘lig‘ini bilsa va Marg‘ilon zindonidan uning qutqarilishig‘a va’da olsa, uning uchun dunyolarcha martaba va hurmat edi. Qushbegining va’dasiga iltifotsiz quloq berib turdi-da: — Iltifotingiz uchun rahmat, qushbegi, — dedi. — Men endi dunyodan o‘tayotgan bir kishi; endigi man-sab-larg‘a uncha qiziqa olmayman. Agar manim qilg‘an xizmatim shunday iltifotlarga loyiq ko‘riladigan bo‘lsa, jon janobidan so‘raydirg‘an bir necha tilaklarim bor. — So‘rangiz hoji, xon bermaganda ham olib berishka men kafil. — Manim birinchi xolis tilagim, albatta mazlum xalq tilidan bo‘ladir: mundan so‘ng Toshkand hokimlig‘iga har qanday bo‘lmag‘ir odam qo‘yilmasin. — Jon janobining hamma maqsadi ham shunda. Chunki, biz Azizbek kabilardan xalqnig‘ina emas, balki, o‘zimizni ham qiynatdirmoqdamiz. Toshkand bekligi to‘g‘risida ko‘b muzokara va mu-solahadan keyin Yusufbek hoji o‘z yarasi ustida to‘xtaldi. Ul birinchi martaba o‘laroq o‘zining ichki kasalini hoziq deb Normuhammad qushbegiga ochdi. So‘zlar ekan, yuragi mash’um bir ehtimolning dahshatidan titrar, tili ham osonliq bilan harakatlanmas edi. Zero o‘zining bu o‘tinchini qush uchkan so‘ng otilmoqchi bo‘lg‘an sopqon qabilidan hisoblar va foydasiz bir iltimos deb cho‘chir edi. — Agar manim bu xizmatim jon janobining marhamatiga loyiq ko‘rilur ekan, — dedi hoji, — menga eng manzur bo‘lg‘an mukofot — o‘g‘limning ozod qili-nishidir. Dunyo mojarosidan qo‘l yuvmoqchi bo‘lg‘an bir otag‘a keksaygan kunlarida farzand dog‘ini ko‘rmas-likning o‘zi ham ulug‘ mukofotdir, — dedi va ko‘ziga yosh oldi. Bundan qushbegi ham nasibasiz qolmay mu-taassir Yusufbek hojiga tasallo berdi: — Qo‘rqmangiz hoji, — dedi, — Marg‘ilon hokimi o‘rinsiz qon to‘kuvchi kishi emasdir. Qo‘qonga borg‘ach, birinchi ishim o‘g‘lingizni qutqarish bo‘lsin, joysiz qayg‘ulanmangiz, hoji. — Qulluq, qushbegi, agar bu xizmatni o‘z zimman-gizga olur ekansiz, ustimga katta minnat qo‘yg‘an bo‘lasiz... Biroq men qo‘rqamankim, siz Qo‘qong‘a borib yetkuncha ish vaqtidan o‘tsin... Qushbegi ham bu to‘g‘rida o‘ylab qoldi va hojining ehtimolidan cho‘chib, shu soatda bir maktub bilan Qo‘qong‘a chopar yubormoqchi bo‘ldilar, bu ishning muvofiq kishisi albatta Hasanali bo‘lg‘anliqdan chopar bo‘lib belgulandi. O‘n besh kunlardan beriga shunday xizmatni kutib yotqan Hasanali otning boshini Qo‘qon tomong‘a qarab qo‘ydida, daqiqa ichida ko‘zlarga ko‘rinmas bo‘lib ketdi. Bir kun keyin Normuhammad qushbegi ham bir muncha sipohni Toshkandda qoldirib, Qo‘qong‘a jo‘nash harakatiga tushdi. Toshkand olomonining ta-lablari bilan Azizbekning ikki oyog‘idan arqon bilan bog‘lab otning chovig‘a sudratma qildilar. Sipohlar Qo‘qong‘a qarab harakat qilar ekan, Qo‘qon darbozasiga to‘lg‘an xalq Azizbekning ot oyoqlari ostida sudralib ketishiga huzurlanib tomosha qilar edi. O'tkan kunlar — 22. Bir g'aribi beshora Bu tarixdagi xon o‘rdasi Qo‘qonning bu kunda Xoda bozor atalg‘an o‘rnida edi. Ro‘monning o‘n uchunchi faslida Marg‘ilon o‘rdasining ta’rifi yozilg‘anliqdan va bu o‘rdaning ham tashqarig‘i aylanasi o‘sha o‘rda qabilidan bir tusda, bir uslub va bir vus’atda bo‘lg‘anliqdan bu o‘rinda yana qog‘oz qoralash ortiqchadir. O‘rda darbozasi, navbatchi qorovul, darboza sahnining kengligi — barchasi ham o‘shal o‘rda singari, ammo buning tashqarig‘i ko‘rinishidag‘i ortiqlig‘i to‘rt burchida qada-lib turg‘an navbatchilari edi. O‘rda darbozasidan ichkariga kirilgach, bundagi tuzilish Marg‘ilondag‘idan tamoman deyarlik boshqacha bo‘lib chiqar, shunga binoan bu yer bilan tanishmoq ehtiyoji tushar edi. O‘rdaning ichkarigi o‘ng, chap biqinlari sipoh turish uchun soling‘an binolar va sahnida biz Toshkandda ko‘rib tanishqan ravishcha kiyimlik sipohlar (yigitlar) turkim-turkim bo‘lib, ponsad boshilar qaramog‘ida qilich urish mashqini ta’lim olmoqda edilar. O‘rdaning belidan, ya’ni shimoldan sharqqa qarab bir xatti mustaqim bilan devor va bul devorning ikki tarafini barobar— ling tashlanib, o‘rdaning ichkari qismig‘a xon saroyiga kiriladirgan darboza qurilg‘an edi. Bu darboza eskirgansumon ko‘rinsa ham asli yaratilishdag‘i nafislik, me’moriy san’atkorlik o‘chayozg‘an bo‘lsa ham, biroq undagi ivirjivir sirlar, o‘yma naqshlar hali ham kishini hayron qoldirarlik edilar. Ayniqsa darbozaning ikki biqinidag‘i «o‘girmagul» tarzi bilan ishlangan guldastalar, darboza ravoqidag‘i ganchdan qabartirilib yasalg‘an bo‘rtma naqshlar, gullar hali o‘zlarining nafosatlarini unchalik yo‘qotmag‘an edilar. Quyosh g‘arbga qarab og‘qan, uldastalar ustiga qo‘ndirilg‘an oltin hilol alomatlari quyosh nuri bilan ko‘zni elitarlik darajada yashnar edilar. Darbozaning ikki yonidag‘i maxsus ishlangan qorovulxona — sufachalarda ikki nafar navbatchi turar edi. Navbatchidan o‘tib, darbozaga kirilsa gunbaz ravi-shida yo‘lak, o‘ngg‘a yurilsa devonxonag‘a, so‘lg‘a ketilsa xon mahkamasiga chiqiladir-da, mahkama bo‘sag‘asida yana haligidek ikki nafar navbatchiga uchrashiladir. Marg‘ilon o‘rdasida ko‘rganimizdek bir dahliz, ammo bu o‘zining naqshlari, gullari, anvo’i sirlari, oliyliq va ko‘rkamligi bilan Marg‘ilonnikini ko‘lagada qoldirarliq edi ersa-da, eskirganligi uning ortiqlig‘ig‘a xalal bermakda edilar. Dahlizdan ichkariga qaralsa bir munaqqash va muzayyan zol, ikki tomonida xonning shog‘ovul boshilari, yasovul boshilari, dasturxonchi va oftobachilari, tunqator va parvonachilari otaliq va mehtarboshilari va tag‘i alla qancha vazir-vuzarolari qator tizilishib o‘lturmakda edilar. Zolning uchunchi darichasidan narig‘i tomon bir yupqa munaqqash devor bilan ajratilgan bo‘lib, ichkariga kiriladirgan eshiksiz bir yo‘l, bu yo‘l bilan haligi devor ikkiga ajralib, har bir bo‘lim devorning o‘rtasida kishi boshi sig‘arliq bir tuynuk, bu tuynuklar yonida qo‘lig‘a oybolta ushlagan ikki nafar jallod qotib turar edilar. Shu jallodlar orasidan o‘tib uchunchi bo‘limga kirilsa, qarshida yarim gazlar yuksaklikda to‘rt oyog‘liq oq marmardan yasalg‘an taxt ustida oltin kamarga taqilg‘an oltin sopliq qilichini tizasi ustiga ko‘ndalang qo‘yib, qizil duxobadan tikilgan po‘stun kamzul ustidan adras to‘n kiygan, boshig‘a simobi shohi salla o‘rag‘an o‘n sakkiz yoshlar chamaliq, cho‘ziqqina yuzlik, bug‘doy ranglik xon o‘lturar edi. Bu Xudoyor edi. Xonning so‘l tomonidag‘i oltin hallik kursi kishidan bo‘sh, o‘ngdagi — ichki saroyga kiradirgan eshikcha yonidag‘i kursi ustida O‘ratepa chakmani ustidan qayish kamar bog‘lab, soddag‘ina qilich taqing‘an, boshig‘a oq barra popoq kiyib, basharasidagi burni yuzi bilan bir qatorda deyarlik tekis yaratilg‘an, o‘rtacha soqol, qisiq ko‘z, bug‘doy rang, o‘rta yoshliq bir qirg‘iz— Musulmonqul o‘lturar va hozirg‘ina hudaychi tarafidan o‘ziga topshirilg‘an ariza va maktublardan ochib o‘qur edi. O‘qub turg‘an arizasi ahamiyatsiz bo‘lsa kerak qog‘ozni ikkiga yirtdi-da, oyog‘ining ostig‘a tashladi va ikkinchi maktubni ochdi. Bunisi O‘sh hokimi tarafidan yozilgan edi: «Davlatimiz stuni, padari arus shahanshohi Musulmonqul bahodir huzurlariga nomai humoyun ba-robari O‘sh madorisotida tahsilda bo‘ling‘an faqir qirg‘iz tullobig‘a marhamat buyurg‘anlari hadoyo tullobning darajai ilmiyalarini imtiyozan taqsim qilindilar. Ashaddu faqir va ehtiyojda avqoti talx mururiga majbur va masbur o‘lg‘an qirg‘iz mullalari padari arus shahanshohining altofi shohonalaridan riqqatka kelib obidiyda qildilar va Haq taolo dargohi vasi’asidan aduvi badkirdorlariga zafaryob bo‘lmoqlarini va Zolona yashab Amir Temur Ko‘ragondek jahongir bo‘lmoqlarig‘a duo va niyoz etdilar. Ba’da xotiri otir oliylarig‘a maxfiy qolmag‘aykim, shahar va atrof ellarimiz davlati azimai qaviyalari soyai himoyatida nobob bid’ahdlar xavotir va xavfidan tinchdir. Noma oxirida yosh shohimiz janobi xoqoni xavoqin, sultoni salotin hazratlariga padari arus shahanshohining panohi himoyatlarida ko‘b yillar davru davron, ofiyat va salomatlik tilab navkarlari...» Musulmonqul Xudoyorga O‘sh ahvolini so‘zlab, uchunchi maktubni ochdi, bu maktub xususiy bir kishidan bo‘lsa kerak, muhr va o‘zga takalluflardan xoli edi: «Mazlumlar dodig‘a, maqhurlar faryodig‘a o‘zining adolatlik qilichi bilan yetishquchi Musulmonqul qipchoq xizmatlariga... ko‘zlarim zulm yoshi bilan jiq, ko‘nglim davlat xoinlari qo‘rqunchidan titragan bir holda qalam tebrataman. Davlatning sodiq bir fuqarosi, ixloslik bir yigi-ti davlat ustiga o‘zining mudhish zarbasini tashlab turg‘an bir bad’ahd o‘g‘lini o‘shandog‘ki otasining vakolati birlan ikkinchi bir tinch, ulug‘larg‘a mute’, farmonbardor bir shahar ahlini oyog‘landirmoq bo‘lg‘an edi. Uni isbotlari, shohidlari birlan dor ostig‘a tortquchi sodiq bir qulni ko‘klarga ko‘tarish o‘rniga qamamoq va oyog‘ig‘a zulm zanjirini urmoq bo‘ladirlar... Musul-monqul janobidek bir bahodirdan andisha qilmay uning dushmanlarini sarfaroz aylab do‘stlarini g‘amgin qiladirlar. Maktubning tumanlik ma’nosiga tushuna olmag‘an Musulmonqul bu o‘rinda to‘xtadida, maktubning oxirig‘a ko‘z tashlab oldi: «Bungacha manim hayajon va qayg‘u orasida yozg‘an yo‘llarima balki tushunmagandirsiz, buning uchun g‘azablanmay bu gunohimni sizga sodiq bir qullig‘im yo‘lig‘a kechirursiz. Bu kundagi Toshkand isyonining boshliqlaridan bo‘lg‘an Yusufbek hoji Azizbek nonko‘rning mashvarati birlan marg‘ilonliqlarni ham janobingizga qarshi oyoqlandirmoq maqsadida o‘z o‘g‘lini munda yuborg‘an ekan. Faqir sodiq qulingiz bu e’vagar yigitning tevaragiga o‘z tarafdorlarini yig‘ib qurg‘an bir majlislariga rost kelib va uning Marg‘ilonga nima uchun kelganligini payqab, nihoyatsiz xavfka tushdim. Uning so‘zlari qipchoqlarni yo‘qotib, hukumatni shaharliklar qo‘lig‘a olish edi. Qipchoqlar xayrixohi kamina qulingiz bu sirni ichimga yutolmay, bir necha vositalar birlan Marg‘ilon hokimi O‘tabboyga bildirdim. O‘tabboy qushbegi Yusufbek hoji-ning o‘g‘li bo‘lg‘an mazkur Otabek bilan uning tarafdori va qayin otasi Mirzakarim otliq kishini qo‘lg‘a olib zindon qildi. Qushbegining chaqirishi bilan huzuriga hozir bo‘lib, Otabek og‘zidan nimaiki eshitkan bo‘lsam bir-bir so‘zlab berdim. Xolis shahodatim so‘ngida Otabek bilan qayin otasi Mirzakarimni qushbegi osib o‘ldirishka buyurdi. Ammo O‘tabboyning kisai xiyonatiga Mirzakarimning havlisidan kelib tushkan bir xalta oltinlar barobariga dor ostig‘a yetkan e’vogarlarni o‘limdan ozod qildi, davlatning sodiq qullaridan bo‘lg‘an kaminai xolisni muttahamlar yeriga zindon qilmoq va osib o‘ldirmoq bo‘ldi. Chunki kamina qulingizning sizga shikoyat qilishimdan benihoyat qo‘rqar erdi. Ammo davlatlari yori berib, sadoqatlik xizmatkorlaringizdan bo‘lg‘an Marg‘ilon qo‘rboshisining yordami birlan O‘ttaboyning changalidan arang qutilishg‘a muvaffaq bo‘ldim...» Maktubning shu yeriga yetkanda Musulmonqul xatdan bosh ko‘tardi. Hozir uning kipriksiz qisiq ko‘zlariga o‘tlar yonmoqda edi. Qichqirdi: — Chilim! «Shundog‘ qilib sizning o‘z kishingiz bo‘lg‘an O‘tab-boy tuz haqingizni unutdi. Bir hamyon oltin deb dushman-laringiz tarafiga o‘tdi. Sizning xayrixoh qullaringizdan bo‘lg‘an biri o‘z shahrini tashlab Qo‘qon qochmoqqa va ulug‘ dargohingizga sig‘inmoqqa majbur bo‘ldi. Men, xolis qulingiz o‘zimning sadoqatim evaziga bunday mukofot olg‘anim uchun qayg‘irmayman va lekin O‘tabboy va Otabek kabi xoinlarni kundan-kunga kuch olib davlati shahriyorig‘a dahshatlik bir falokat tug‘dirishlaridan qayg‘iraman. Bu maktub sodiq bir qulning xolis sadoqatidan bir namunadir. Men shuning ila shoyad o‘z bo‘ynimdag‘i vazifani ado etkan bo‘lurman. Shoyad davlat dushmanlarini o‘z oyog‘laridan yitib ketishlariga sabab bo‘lg‘an bo‘lurman. O‘zimning bu xizmatim evaziga bir mukofot olish muddaosida bo‘lmag‘animdan va nimaiki janoblari yo‘lida mashaqqat chekkan bo‘lsam o‘zimning bir vijdoniy vazifam deb bilib, bu maktubda o‘z otimni yozishg‘a ham tilamadim. Yosh xonimizga tinch va shavkatlik davr, davlat xoinlariga o‘lim tilab bir g‘aribi bechora». Musulmonqul nihoyatda tutoqqan edi. Hozirgi borliq alamini tamakudan oladirg‘andek hudaychi keltirgan chilimga yopishdi-da, shig‘-g‘ etdirib, sarxonani sindirish darajasiga yetkuzib tortdi. Og‘zidan pag‘a-pag‘a tutun chiqarar ekar, xatning mazmunini Xudoyorg‘a so‘zladi. Toshkand ustiga yuborg‘an sipohlari bilan Normuhammad qushbegini nihoyat Toshkandni ololmay qaytish xabarini eshitib, so‘ng darajada ma’yusiyat ichida o‘lturgan Musulmonqul uchun bu maktub yara ustiga tuz sepish qabilidan tag‘in ham alamlik bo‘lib tushkan edi. — Xudaychi! — Labbay taqsir! — Mirzani chaqir! — dedi Musulmonqul, so‘ngra qo‘lidagi maktubni taxig‘a solar ekan, Xudoyorg‘a dedi:— Eshitdingizmi, o‘g‘lim! Azizbek bilan Yusufbek bizga nimalar qilmoqchi bo‘ladirlar? O‘zimizning sodiq kishimiz, deb o‘g‘lag‘an O‘tabboy ham dushmanlarimiz bilan birgalashib boshlag‘an... Xayr qo‘llaridan kelganni qilib ko‘rsinlarchi, biz ham mundan keyin o‘shandoq ko‘rnamaklar bilan qiladirg‘an muomalamizni bilarmiz. O‘z saltanatiga raxna solishdan iborat bo‘lg‘an bu xabarlardan Xudoyorxonning mutaassir bo‘lg‘anlig‘i belgusiz, ul bu gapni eshitmasdan ilgari qanday bo‘lsa, hozirda ham shu holda o‘zgarishsiz edi. Musulmon-qulning yonib turg‘an, o‘tdek tutoqib so‘zlag‘an gapini sukut bilan kechirmaslik uchungina bo‘lsa kerak quruq va shirasiz qilib: — Hammadan ham O‘ttaboyni aytingiz, ablah bir odam ekan, — dedi, — meni siylamag‘anda ham sizni rioya qilsa kerak edi. — Yaxshiliq qilg‘an kishingdan hech bir yaxshiliq qaytmas ekan, — dedi Musulmonqul. — Jumladan, bittasi ko‘z o‘ngimizda — Azizbek. Men uni yoshlig‘idan boshlab o‘z qo‘limda o‘stirdim, Toshkand hokimligidan Salimsoqbekni olib uning o‘rniga hokim tayinladiq. Biroq shunchalik yaxshiliqlarimizg‘a qarshi natijada bizga yog‘iy bo‘ldi, bo‘lsin; ul Toshkandning o‘zigagina qanoatlanmay Marg‘ilon bilan ham ish qilmoqchi bo‘lsa, bunisini ham biz ko‘raylik. Mirzaboshi kirib xong‘a qulliq qildi va Musul-monqulg‘a qarab qo‘l bog‘ladi. Musulmonqul yana xumori bo‘lg‘an edi — «Chilim!» deb tashqarig‘a qichqirdi, so‘ngra mirzoboshig‘a dedi: — Hozir Marg‘ilon hokimi O‘tabboy qushbegiga bir xat yozib, chopar bilan yubor. Xatni olg‘an zamon Yusufbek hojining o‘g‘li Otabek deganni olib huzurimizga kelsin! Mirzobashi qulliq qilib orqasi bilan yurib chiqdi. O'tkan kunlar — 23. Musulmonqul Arkoni davlat yig‘ilib, Xudoyor taxtiga mingan, Musulmonqul xon bo‘lmasa ham xonliqdan-da yuqori bir kuchka molik bo‘lg‘an siyosat kursisiga o‘ltirgan edi. Boshlab otaliq kirib xong‘a salom berdi va uning haqig‘a uzun duo qilib chiqdi. Otaliqdan so‘ng o‘zga a’yon birma-bir kirib, duo qilib chiqa boshladilar. Duoxonlarning eng so‘ng‘ida xudaychi ko‘rindi, salom va duodan keyin yuzini Musulmonqulg‘a o‘girib: — Marg‘ilon hokimi O‘tabboy qushbegi huzuri oliylarig‘a kirish uchun izn so‘raydir! — dedi. Hamma fikri zikri O‘tabboy ustidagina qolg‘an Musulmonqul bu xabarni eshitish bilan kuchlik bir tin olib hudaychiga qaradi: — Yolg‘iz o‘zimi yoki yonida kishilari ham bormi? — deb so‘radi. Hudaychi yana bir qulliq qildi: — O‘n chog‘liq yarog‘liq yigitlari ham bor. — Tag‘in-chi? Yarog‘siz yana bir yigit ham ko‘rindi. — O‘tabboyning o‘zini huzurimizga kirgiz, — dedi Musulmonqul, qulliq qilib chiqa boshlag‘an hudaychini yana to‘xtatib so‘radi: — O‘tabboyning yigitlari o‘rda-ning tashqarisidami, ichkarisida? — Taqsir, ichkarisida. — Yaxshi, qushbegi bizning yong‘a kirgandan so‘ng o‘rda yigitlari ularga hozir bo‘lsinlar! Hudaychi qulliq qilib chiqdi. Uning ketidan Musulmonqul tovshig‘a muzaffariyat ohangi berib xong‘a dedi: — O‘g‘rilarning ikkisi qopqonga tushdi, xon! — Tole’imiz. Qushbegi kirdi. Xong‘a ikki bukilib ta’zim qilg‘ach, kelib uning qo‘lini o‘pdi. O‘tabboyning muloqoti uchun Musulmonqul ham go‘yo hech narsa ko‘rmagandek o‘rnidan turib uning bilan quchoqlashib ko‘rishdi. O‘taboy Musulmonqulning ko‘rsatishi bilan xonning chap tomonidag‘i kursiga o‘lturdi. Ul Musulmonqulning samimiy muloqotidan qo‘rquvliq yuragini bir qadar to‘xtatib olg‘an edi. Kursidan yana turib xong‘a qulliq qilib boz o‘lturdi. Musulmonqul qushbegini yer tegidan kuzatar ekan so‘radi: — Yurtlaringiz tinchliqmi, o‘zingiz ham sog‘-misiz? — Alhamdullilloh, yosh shohimizning davlatlari va husni tavajjuhlari soyasida yurtimiz tinchliq, fuqaromiz javobi oliyning duoyi jonlari bilan mashg‘ullar. Xudoyor ozg‘ina ishorat bilan unga tashakkur bil-dirdi. Bunga qarshi qushbegi kursidan qo‘zg‘alib qulliq qildi. Musulmonqul murtini silab nimaningdir muloha-zasida edi. Uning bu holi birar daqiqag‘a cho‘zilg‘anliqdan Xudoyor bilan qushbegi uning og‘zig‘a tikilgan edilar. — Sizning xabaringiz bo‘ldimi, yo‘qmi biz Tosh-kand ustiga yuborg‘an Normuhammad qushbegidan juda yaramas bir xabar oldiq, — deb Musulmonqul O‘tabboyga qaradi, undan xabarsizlik javobini olg‘ach, so‘zida davom etti; — Normuhammad qushbegi uch ming sipoh bilan yetmish kun Toshkandni qamab yotib, nihoyat bir ish chiqara olmay odamlari bilan qaytmoqqa majbur bo‘libdir. Azizbek bilan Yusufbek hojilarning aztahidil qarshiliqlari bizning kishilarni quruq qaytarishg‘a majbur qilibdir. Mana shuning uchun mundan keyin bizning boshqa bir yo‘l bilan ish ko‘rmagimiz taqozo qiladir... Kecha biz kimdandir Yusufbek hojining o‘g‘li bo‘lg‘an Otabek deganni sizning Marg‘ilonda deb eshitdik. Mundan so‘ngg‘i Toshkand to‘g‘risida ko‘radirgan tadbirlarimiz uchun uning keragi bo‘lur, deb o‘ylab siz bilan birga uni huzurimizga chaqirg‘an edik... — Bu joyda qushbegi Musulmonqulni to‘xtatdi-da, kuldi, so‘ngra Xudoyorg‘a dedi: — Otabek ustida ancha mojarolar bo‘lib o‘tdi. Buning hikoyasi uzun, alhol mingboshining ra’ylarini eshitaylik... davom qilingizchi. — Otabek o‘zingiz bilan birgami? — deb so‘radi Mu-sulmonqul, birgalik javobini olib, tamom xotirjam’ bo‘lg‘an holda davom etdi: — Yuqorida aytkanimdek minba’d tadbir yo‘li bilan Azizbekni yo‘qotishdan boshqa choramiz yo‘qdir. Bizning bu keyingi rejamiz yo‘lida ish beradirgan kishi bo‘lsa ul ham menga qolsa shu Otabek bo‘lur. Chunki boshqalarg‘a qarag‘anda uning Toshkand borishi va Azizbekning yaqin odami-ning o‘g‘li bo‘lg‘ani uchun uning bilan aloqada bo‘lishi, zahar berish va yo boshqacha bir yo‘l bilan uni oradan ko‘tara olishi, unga eng qulay bir ishdir. Og‘riqning tuzalasi kelsa emchi o‘z oyog‘i bilan kelur, deganlaridek, Otabekni Marg‘ilonda bo‘lish xabarini eshitib xon bilan men juda quvonishdiq... mana sizni chaqirishdan bo‘lg‘an maqsadimiz shudir. Yana sizning bu haqdag‘i ra’yingiz nima bo‘lsa eshitamiz. Musulmonqulning bu so‘zlariga O‘tabboy qushbegi tamom ishong‘an, ammo Xudoyor ersa uning ilgarigi maqsadini yaxshi bilganlikdan bu so‘ngg‘i gaplar bilan nihoyatda taraddudga tushkan edi. To‘g‘risi ham Musul-monqulning bu keyingi gapi kishini mutaraddid qilmay qo‘ymas edi. — Bu fikringiz menimcha ham ma’qul, — dedi qushbegi, — ammo bunda bir gap bor, ul ham: Otabek bu vazifani o‘z bo‘yniga oladimi, yo‘qmi masalasidir. Chunki Otabekning Azizbek tarafdori bo‘lg‘anlig‘iga shu o‘rtada o‘zim tegshirgan bir ish meni shubhaga tushuradir. Shundog‘ki, mundan yigirma besh kunlar ilgari, qo‘rboshimning xabar berishi bilan Azizbek tarafidan Marg‘ilonda to‘polon chiqarg‘ali kelgandir, deb o‘ylab, yonidag‘i bir necha kishilari bilan zindonga soldirdim. Uning Yusufbek hojining o‘g‘li bo‘lishi ham o‘sha mulohazamning to‘g‘rilig‘iga meni ishontirar edi. Yana qo‘rboshig‘a Otabek ustidan shikoyat qilg‘uchining shahodati bilan bu shubhamga ishonib, mundan besh kun ilgari Otabek bilan uning qayin otasi Mirzakarim degan marg‘ilonlikni o‘lim jazosiga hukm qildim. Gunoh-korlarni dor ostig‘a olib ketkanlariga bir muncha fursat o‘tkan edi, mahkamaga bir xotin hozir bo‘lib, qo‘limga bir maktub berdi. O‘qub qarasam, Azizbek Toshkandda Qo‘qong‘a qarshi isyon chiqarmog‘i bo‘lib yurgan fursatda Yusufbek hoji tomonidan o‘g‘li Otabekka yozilg‘an bir maktub bo‘lib manim qo‘l, oyog‘imni bo‘shashdirdi. Chunki bu maktub Yusufbek hojining Azizbekka tamomdan qarshi bir kishi bo‘lg‘anlig‘ini onglatar edi. Gunohkorlarni dor ostidan qaytarishg‘a majbur bo‘ldim. Men faqat shu maktub dalolatiga bovar qilib, gunohkor-larni bo‘shata bermay, qo‘limdan kelgancha yana tekshirib tergadim. Otabekning so‘zlari kishini tamom ishontirarliq darajada maktubga muvofiq edi. Shundog‘ bo‘lsa ham faqat Mirzakarimni ozod qilib, keyingi tergashlar tamom bo‘lg‘unchaliq Otabekni kafilga berdim. O‘zining biror adovati uchun bunday gaplarni qo‘zg‘atib yurgan bo‘lmasin, deb haligi menga shahodat berganni ushlab Otabek va boshqalar bilan yuzlashdirmoqchi bo‘lganimda nima sababdandir ul qochdi. Shu kungacha uni topib bo‘lmadi. Muning qochishi garchi bu shahodatning birar adovat yuzasidan bo‘lg‘an si’oyat ekanini onglatar edi ersa ham men yana hanuz Otabekni kafolatda saqlar edimki, janobi oliydan bu xabar yetdi. Darhol Otabekni yigitlardan o‘ratib saodatxonai shahanshohiga jo‘nadim. Otabekning Marg‘ilon mojarosi shundan iborat bo‘lib, manimcha Otabek ustida hali shunday tergovlar borayotqan bir vaqtda unga bundog‘ javobgarlik vazifani topshirish qalay bo‘larikin, deyman... Musulmonquldek makkor tulkining o‘ylag‘anlarini qushbegining to‘g‘ri so‘zlari ost-ust qilib, uning O‘tabboy to‘g‘risidag‘i sui zanlari bir muncha ozayib tushdi. Ammo Musulmonqulning ikki kishi ustiga yo‘nalgan qahru g‘azabi o‘zining borliq dahshati bilan faqat Oybek ustiga tikildi va Toshkand qo‘rg‘onlari ostida qurbon bo‘lg‘an sipohlarining qonini Azizbekning o‘ng qo‘li bo‘lg‘anning o‘g‘lidan olmoqchi bo‘ldi. — Yusufbek hojining maktubi yoningizdadir? — Taqsir, — dedi qushbegi, maktubni olib Musul-monqulg‘a uzatdi. Musulmonqul o‘nda-so‘nda maktubga ko‘z yugurtirib chiqdi-da, zaharxanda ichida O‘tabboyg‘a qaradi: — Yusufbek hojining qurg‘an hiylalariga tushun-maguchi ehtimol Marg‘ilondan topilmag‘andur! U tulki o‘z o‘g‘lini Marg‘ilonda to‘polon chiqarish uchun, deb yuborishidayoq har bir ehtimolga qarshi bu maktubni yozib bergan, bunga Marg‘ilon kalvaklari tushunmasalar ham biz tushuna olamiz! — dedi va mag‘rur bir tusda Xudoyorg‘a qarab qo‘ydi. Qushbegi uning bu istehzosini yutishka majbur edi. Chunki ozg‘ina tildan toysa o‘zi-ning ham Otabek qatoriga kiritilishini yaxshi onglar edi. Sukut qildi: — Hudaychi! — Qulingiz! — Haligi qushbegi bilan birga kelgan yigitni huzurimizg‘a hozirla! Musulmonqulning apti ortiq dahshatlik bir holga kirgan, taxt ustiga qo‘ndirilg‘an jonlik Xudoyor haykal ham sukutda, o‘zining nima bo‘lishig‘a tushunmagan O‘tabboy ham borliq, yo‘qliq holatda... Otabek hudaychi orqasidan kirib xong‘a ta’zim qildi va qo‘l bog‘lab to‘xtadi. Otabek Musulmonqul otini, uning yirtqichlig‘ini yaxshi bilsa ham, ammo shaxsan o‘zini ko‘rmagan, shuning uchun xonning yonidag‘i xoqong‘a iltifot etmadi. Uning bu iltifotsizligi Musul-monqulg‘a asarsiz qolmadi-da, achchig‘i ustiga achchig‘, kek ustiga kek qo‘shildi va shular ichida yasalib chiqg‘an bir istehzo iljayishi va bir tovush bilan: — Manga qarang, bek yigit, — dedi. Otabek o‘ziga qarag‘ach: — Siz kim bo‘lasiz? — deb so‘radi. Ul hanuz boyag‘i masxara holatda edi. — Men Otabek. — Dunyoda Otabekdan ko‘pi bormi, siz qanday Otabek? — Otabek Yusufbek hoji o‘g‘li. — Ha-a-a, shundog‘ deng-chi... Toshkandlik Yusufbek hojikim, Azizbegimizning gumashtasi bo‘lg‘an zoti sharifning o‘g‘illari? Otabek bu cho‘ltog‘ supurgini tanidi va uning isteh-zolarini payqadi. U bundan so‘ngg‘i ko‘rguligini tamom ma’nosi bilan onglab, ma’nosiz bu savollarga javob berib o‘lturishdan sukutni xayrlik topdi. Go‘yo o‘zining bu sukuti bilan Musulmonqulg‘a ma’nolik bir javobni ifoda qilar edi. Chindan ham Musulmonqul bu sukutdan tahqirlandi, tutuni ko‘kka ko‘tarilar ekan baqirdi: — Nega javob bermaysan?! — Siz meni qanday tanig‘an bo‘lsangiz-bo‘lingiz, men o‘shandog‘ kishining o‘g‘li, — dedi bek. — Men bilan otam siz bilan qushbegiga bir necha turlik bo‘lib tanilsaqla, o‘z vijdonimiz oldida bir turlikkinadirmiz! Shuning uchun siz tilagan tarafingizga hukm qilingizda, buyrug‘ingizni beraveringiz! Musulmonqulning yuzidagi boyag‘i achchig‘lar yerini bir zavqlanish vaziyati oldi. Kulimsirash ichida Otabekni kuzatar ekan: — Dav yuraging bor ekan, yigit... Hayfki, gunohing bo‘yningda, — dedi va chaqirdi: — Jallod! Eshik yonida kutib turgan oyboltaliqlar harakatlandilar: — Xanjarimiz qonsirag‘an! Jallodlarning oldida kirgan hudaychi xong‘a arz qildi: — Toshkanddan bir chopar bor, huzuringizga kirish uchun izn so‘raydir! Xudoyor Musulmonqulg‘a qaradi. Musulmonqul ersa Otabekni jallodga topshirish uchun o‘nglang‘an tilini qisishg‘a majbur bo‘ldi. — Kirsin! — dedi va o‘zidan amr kutib turgan jallodlarga: — Bir ozdan so‘ng, — dedi, chiqib turmoqqa ishorat qildi. Negaki, choparning Toshkanddan bo‘lishi bu hukmda bir oz shoshmasliqni istar, chopar vositasi bilan ham bu hukm ehtimol haqlik bir hukm bo‘lib chiqar va Musulmonqul ham loaqal o‘z umrida bir martaba bo‘lsa-da, o‘rinliq qon to‘kkan bo‘lar edi. Otabek garangsigansumon devorga suyangan, mundagi allaqanday ma’nolarni onglatqan taxt, toj, xon, bek kabi lash-lushlar uning ko‘z o‘ngida qora pullik qadru qiymatsiz... To‘g‘risi ul ajib bir tabi’atka kirgan, uning vujudi quruq va hissiz... Yo‘q, ul sezsa-da, bilsa-da, go‘yo oyog‘, qo‘li bog‘lanib bo‘g‘izlanishga hozir-langan bir qo‘y kabi qayralayotgan pichoqqa butunlay parvosiz, qo‘rquvsiz tomosha qilar edi. Bu turmish, bu hokimiyat, cheki ko‘rinmagan bu qorong‘iliq... uning uchur sira qiziqarliq emaslar: ul yo‘q edi — tinch edi, ul keldi — tinchimadi, ul yana yo‘q bo‘lsa ehtimol yana tinchir edi. Mana shuning uchun ham ul bezraygan edi. Faqat... faqat shu turmishdagi biravgina uning ko‘nglidan tezroq yuvilmas va yuvilishi ham qiyindek... Nihoyat, bundan ham qutilg‘andek bo‘ldi. Ammo... ammo so‘ng nafasida uning bilan vido’lashsa, bo‘g‘zig‘a xanjar botar ekan, uning yuziga qarabqina ko‘zi nursiz-lansa... Uning hamma orzusi shu edi hozir. Hudaychi choparni boshlab kirdi. Chopar nomani tiz bukib Xudoyorg‘a topshirg‘ach, orqasiga qaytib, ko‘zini devordagi bezrayganga tashlamasunmi... Ul o‘zining xon huzurida bo‘lg‘anini ham unutdi-da, o‘zini Otabek ustiga tashladi, Toshkand choparining bu kutilmagan harakati xonni, Musulmonqulni, qushbegi ham hudaychini va ol-ding‘i zolda o‘lturgan a’yonni bir hayratda qoldirg‘an edi. Otabekning tasallo berishi bilan Hasanali undan qo‘l tortdi ersada, biroq undan hayajon, yig‘i hali arimagan edi. — Adab! — deb qichqirdi Musulmonqul, so‘ngra o‘ziga qarab qo‘l bog‘lag‘an Hasanalidan so‘radi, — sen kimning chopari? — Normuhammad qushbegining. — Qayerdan? — Toshkanddan, taqsir. Musulmonqul taajjub ichida o‘ziga Xudoyor tomo-nidan uzatilg‘an nomani oldi. Ochib kishi eshitarlik qilib o‘qudi: «Yosh xonimizg‘a va padari arus shahanshohi Musulmonqul bahodir huzurlariga. Yosh shohimizning baxt va tole’lari ruhsiz tanlarimizga qayta boshdan ruh, ma’yus ko‘ngillarimizga qaytib chiqmasliq umid bag‘ishladi. Faqir qullari mundan to‘rt kunlar ilgari Toshkanddan sipohlar bilan umidsiz qaytishga majbur bo‘lib, ul to‘g‘rida huzurlariga xabar ham yuborg‘an edim. Shu holda biz sipohlar bilan Kirovchi yaqinig‘a yetkan ham edik, orqamizdan bir chopar Toshkandda Azizbekka qarshi isyon boshlang‘anini, bizni ko‘mak uchun Yusufbek hoji-ning Toshkandga chaqirg‘anlig‘ini so‘zlab, uning ismidan bir maktub berdi. Men darhol sipohlarni Toshkand qaytishga buyurdim-da, xabar olg‘ani ikkinchi kuni Toshkandga yetdim. Biz Toshkandga kirganda Yusufbek hoji boshliq olomon Azizbekni o‘rda ichiga qamab yotar ekanlar. Olomon, ayniqsa, Yusufbek hoji bizni juda yaxshi qarshiladilar. Biz borg‘andan keyin o‘rdaga bosib kirdik-da, Azizbekni ushlab oldiq. Boshda men Yusufbek hojini balki, Toshkand bekligi uchun ta’malanur deb o‘ylag‘an edim. Ammo uning butun o‘rda va xazina, ashyo va yaroq-larini manim qo‘limg‘a topshirishi bu fikrimni bo‘shka chiqardi. Yusufbek hoji nihoyatda ta’masiz, xalq manfaatini kuzatkuchi bir odam ekan. Binoan alayhi uning to‘risidag‘i bizning sui zanlarimiz xato bo‘lib chiqadir. Uning Azizbekka qarshi xalqni oyoqlandirishi ham bizning Toshkanddan jo‘nashimizning ikkinchi kuni Azizbekning nechog‘liq siqilg‘an xalq ustiga o‘ttuz ikki tangadan chochkan solig‘i bo‘libdur. Toshkand xalqi Azizbekning hiylasiga aldanib, bizga yog‘iyliq qilg‘ani uchun pushaymon va uning zulmidan qutilg‘ani vajdan xursanddir. Men Yusufbek hojining bunchalik katta xizmati evaziga xon hazratidan ulug‘ bir martaba olib berishka va’da bergan edim. Ul bunga qarshi uzr aytib, Toshkandga insoflik bir bek belgulansa, manim uchun kifoya, dedi. Uning xon janobidan kutkan bir marhamati bor ekankim, shu yaqinda savdo bila Marg‘ilonda yurgan yolg‘iz o‘g‘lini nomalum bir sabab ila O‘tabboy qushbegining qamag‘anlig‘ini eshitibdir. Uning bu xizmatini birar mukofotka arzigulik ko‘rsalar, o‘shal qamoqda bo‘lg‘an o‘g‘lini ozod etmas uchun xon hazratlarining iladirg‘an inoyatlari har bir narsadan ham unga azizroq bir mukofot bo‘lur. Faqat qulingizcha ham Yusufbek hojining davlatimiz ustiga qo‘yg‘an bu minnati kichkina gap emasdir. Binoan alayhi uning o‘g‘li garchi o‘lim jazosig‘a sazovor bo‘lsa ham, marhamati shohonaning jo‘shg‘a keltirilishi biz navqarlariga ham muvofiq ko‘riladir. Vaqtincha Toshkand bekligiga Qo‘shdodqoni belgulab, yoniga bir muncha sipohlar berdim. O‘zim Azizbekni olib tezda xizmatlariga yursam kerak, Normuhammad qushbegi, muhr”. Musulmonqul maktubni tugatdi-da, uyatsiz ravishda Otabekka qarab iljaydi va hudaychiga buyurdi. — Ikkita zarrin to‘n keltir! Otabekning mo‘jiza qabilidan so‘ng daqiqalarida ikkinchi qayta qutilishni ko‘rgan O‘tabboy qushbegi beixtiyor yoqasini ushladi. Xudoyorxon ham yirtqich qayinotasining changalidan qutilg‘anini tabrik qil-g‘andek Otabekka kulib boqdi. usulmonqul oqsoqlanib, o‘z qo‘li bilan Otabekka zarrin to‘n kiyguzar ekan: — Otangizning katta xizmati soyasida o‘limdan qutilg‘aningizdek zarrin to‘nliq ham bo‘ldingiz, — deb yana bir qayta uyatsizlandi. Tag‘in bir necha kun turib qaytmoq uchun Otabek Marg‘ilong‘a, Hasanali ota Yusufbek hojini tinchitish uchun Toshkandga jo‘nadilar. Birinchi bo‘limining so‘ngg‘i U Z R Ro‘mon deb sizga taqdim qilingan bu narsa dunyog‘a kelishi bilanoq baxtsizlikka uchray boshlag‘an edi: besh yillab bosila olmay yotdi. Nihoyat, bu kun bosilishi muyassar bo‘lg‘anida ham turlik zarbalarga uchradi; imlosi uch-to‘rtta imlochilarimiz tomonidan tuzatilib (!) ajoyib bir quroq holiga keldi, musahhihlarimizning musohalalari orqasida texnika jihati ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan bir yo‘sunda chiqdi. Bularning sababi bosilish chog‘ida o‘zimning hozir bo‘la olmag‘anlig‘im bo‘ldi. Ammo bu o‘rinda o‘zimning jaholatim to‘g‘risida aytib turishni lozim ko‘rmayman-da, faqat o‘qug‘uchilarning afvularini so‘rayman. Ro‘monning ikkinchi bo‘limini bunday xatolardan sof bo‘la olishig‘a va’da bera olmasam-da, ammo bosilish taqdiri noshir qo‘lida bo‘lg‘anlig‘ini bildirib qo‘yaman. O'tkan kunlar — 24. Ota-ona orzusi Ikkinchi bo‘lim Azizbek Toshkanddan jo‘natildi. Uning yeriga Qo‘qondan Normuhammad qushbegi belgulanib keldi. Azizbekni qo‘lg‘a tushurib berish bilan qipchoqlar nazdida ham Yusufbek hojining qadru qiymati yuqorilang‘an edi. Ammo o‘zining mansab suymasligi vajhidan yana eskicha «Yusufbek hoji» bo‘lib qola berdi. Shuning bilan birga Azizbek yonida qanday mavqi’ tutkan bo‘lsa, Nor-muhammad qushbegi oldida undan ham yuqoriroq va ma’noliroq e’tibor qozondi. Uning har bir ra’yiga Normuhammad qushbegi qonunan majbur bo‘lmasa-da, ammo ma’nan bir majburiyat his etar edi: o‘rinsizga kishi o‘ldirishlar, vaqtsiz ham o‘rinsiz soliq solishlar, behuda o‘rda usrofotlari, bo‘lmag‘ur taqiqlar va ortiqcha diniy takallufotlar bir muncha ebka olindilar. Uch yillab Azizbek istibdodida ezilgan Toshkand xalqi erkin nafas oldi: savdo-sotiq, ekin-tikin va kasbikor ko‘tarilib boshladi. Odamlar jonlang‘andek bo‘lib bu holni: «Zamon-zamon dorilamon, Normat to‘ram bo‘lsin eson!» — deb boshlag‘an ularning ashulalari ham ifoda qilar edi. O‘zbek oyim elli besh yoshlar chamaliq, chala-dumbul tabi’atlik bir xotin bo‘lsa ham, ammo eriga o‘tkirligi bilan mashhur edi. Uning o‘tkirligi yolg‘iz erigagina emas, Toshkand xotinlarig‘a ham om edi. O‘zga xotinlar uning soyasiga salom berib to‘ylarida, azalarida, qisqasi, tiq etgan yig‘inlaridag‘i uylarining to‘rini O‘zbek oyimg‘a atag‘an edilar. Bir bugina emas, qiz chiqaraturg‘an, o‘g‘ul uylantiradirg‘an, sunnat to‘yi qila-dirg‘an xotinlar o‘z to‘ylarini O‘zbek oyim kengashidan tashqari jo‘nata olmas edilar. O‘zbek oyim aralashqan to‘ylik xotinlarning ko‘ngillaridagi orzu havaslari ham erlari tomonidan kamchiliksiz bajarilar, chunki «O‘zbek oyim shundog‘ buyurdilar» degan so‘z erlar uchun ham farz kabi eshitilib, O‘zbek oyimning aytkanicha hozirlik ko‘rila boshlanar edi. Bu tomondan qarag‘anda O‘zbek oyimning o‘tkirligi erlar tomonidan ham tasdiq etilganligini iqror qilishg‘a to‘g‘ri keladir. O‘zbek oyim uncha-muncha to‘yu azalarga «kavshim ko‘chada qolg‘an emas» deb bormas edi. Shuning uchun xotinlar o‘z to‘ylarini O‘zbek oyim ishtiroki bilan o‘tkazib olsalar, o‘zlarini shaharning eng baxtlik xotinlaridan sanab «maning to‘yimni bek oyim o‘z qo‘llari bilan o‘tkazdilar» degan jumlani majlislarda iftixor o‘rnida so‘zlab yurar edilar. O‘zbek oyimning obro‘si yolg‘iz shular bilangina cheklanib qolmas, uni o‘rda xonimlari ham ehtirom qilib o‘zlarining «onaxonlari» deb bilar edilar. Shunga ko‘ra qaysi bir vaqtlarda o‘rda yasovullari Yusufbek hojining eshigiga arava ko‘ndalang qilib «o‘rda begi oyim buyurdilar”, deb O‘zbek oyimning yasanib chiqishini kutar edilar. Bu tomon bilan qaysi bir majlislarda O‘zbek oyim xotinlarning eslarini ham chiqarib yuborar edi: «Kecha o‘rda bek oyimdan menga arava kelgan ekan, fe’lim aynab turg‘an edi, bormay aravadan bo‘sh qaytardim... Bo xudo, o‘rda bekachi bo‘lsa o‘ziga, dedim» der edi. Ikkinchi vaqtda: «O‘tkan kun o‘rdaga borg‘an edim; xonimlar yotib qolasiz deb qo‘ymadilar, noiloj bir kecha yotib keldim”, deb so‘z orasig‘a qistirib ketar edi. Bu so‘zlarni eshitkuchi xotinlar o‘zlarining qandog‘ bir xotinning suhbatiga noil bo‘lg‘anlarini o‘ylab, O‘zbek oyimning ehtiromini tag‘in ham kuchaytirar edilar. Ul o‘z uyida o‘lturg‘anida ham ustidagi atlas ko‘ynak bilan adras mursakni, oq shohi dakana bilan kahrabo tasbihni qo‘ymay, qish kunlari tanchadan par yostiqqa suyalib, yoz kunlari ayvonning to‘riga yoslanib Hasan-alining xotini bo‘lg‘an Oybodoqqa, cho‘ri qiz Hanifaga xamirni achitmaslikni, palovni qirmoch oldirmasliqni tanbihlabkina o‘lturar edi. Otabekning Marg‘ilondan uylanib qo‘yishi otasi uchun uncha rizosizlikka mujib bo‘lmasa ham, ammo uning o‘g‘ul to‘yisidan boshlab, Toshkand qizlarini ost-ust qilib u «buning qizi yaxshi bo‘lsa ham, uy-joylari yaramas ekan; buning uy-joylari tuzik bo‘lsa ham, qizi ko‘rksiz ekan; buning qizida, uy-joylarida tuzik, biroq zoti pas ekan» deb qiz, quda, uy, joy, nasl va nasab tekshirib yurg‘uchi O‘zbek oyimning Otabekni uylandirib buning orqasidan ko‘raturgan orzu-havas, to‘yu tomoshalarini shartta kesib qo‘yg‘an bu uylanishka nima deyishi va qanday qarashi albatta ma’lum edi. Bittayu bitta o‘g‘li Marg‘ilon degan joyda, allakimlarning qo‘lida, asli noma’lum kishilarning qizig‘a uylansinda, bu kun-erta o‘g‘lumning orzu-havasini ko‘raman, deb entikib o‘ltirg‘an va o‘g‘ul boqib katta qilg‘an ona — O‘zbek oyim ikki qo‘lini burniga tiqib qarab qolabersin... Bu xabarni Hasanalidan eshitkan kunlari ul bu ishka chidab turolmadi: «Endi menga mundog‘ o‘g‘ul kerak emas... Oq sutimni oqqa, ko‘k sutimni ko‘kka sog‘dim... Endi Toshkandga kelmasin ul o‘zboshimcha betiyuq!” deb baqirib-chaqirib, yig‘lab-sixtab, dardu hasratni boshig‘a kiyib oldi. Oradan o‘n besh kun o‘tar-o‘tmas Marg‘ilondan Otabek keldi. Uch oylab ko‘rmagan o‘g‘lini quchog‘ig‘a olib ko‘rishmak o‘rniga undan yuzini o‘gurib, san kimsan, keldingmi, deb so‘ramadi va salomiga alik ham olmadi. Go‘yo uxlamoqchi bo‘lg‘an tovuqdek hurpayib oldi. Otabek onasining araziga al-laqachon tushungan, ham shu holni Marg‘ilondayoq kutkan edi. Bir-ikki qayta uzr aytib ko‘rgandan so‘ng O‘zbek oyimning epaqag‘a kelishiga ishonmay qoldi va shuning uchun ul ham go‘yo bilmagan, tushunmagan kishidek yuriy berdi. Turg‘an gap, Otabekning Marg‘ilong‘a uzoq bormay turishi mumkin emas edi. O‘rtadan ikki hafta o‘tar-o‘tmas otasig‘a allaqanday bahona ko‘rsatib, yo‘l hozir-lig‘ini ko‘ra boshlaydir va onasig‘a bildirmayoq Mar-g‘ilon jo‘naydir. O‘zbek oyim o‘g‘lining «o‘lganni ustiga chiqib tepish» qabilidan bo‘lg‘an bu harakatidan tutuni ko‘kka chiqib, borliq qahru g‘azabini eri ustiga to‘kadir: «Siz qarib esingizni yeb qolibsiz, o‘g‘lingizni marg‘ilonliqqa topshirib qo‘yib, yana el ichida boshingizni ko‘tarib yurmakchi bo‘lasizmi?..» deydir. Yusufbek hojining qiziq bir tabi’ati bor: xotin bilan-gina emas, umuman uy ichisi bilan har qanday masala ustida bo‘lsa bo‘lsin uzoq so‘zlashib o‘lturmaydir. Otabekmi, onasimi, Hasanalimi, ishqilib uy ichidan birartasining so‘zlari va yo kengashlari bo‘lsa, kelib hojining yuziga qaramasdan so‘zlab beradilar; maqsad aytib bitkandan so‘ng sekingina ko‘tarilib uning yuziga qaraydirlar. Hoji bir necha vaqt so‘zlag‘uchini o‘z og‘zig‘a tikiltirib o‘lturg‘andan so‘ng, agar ma’qul tushsa «xo‘b» deydir, gapka tushunmagan bo‘lsa «xo‘sh» deydir, noma’qul bo‘lsa «durust emas» deydir va juda ham o‘ziga noma’qul gap bo‘lsa bir iljayib qo‘yish bilan kifoyalanib, mundan boshqa so‘z aytmaydir va aytsa ham uch-to‘rt kalimadan nariga oshmaydir. Uy ichi uning bu fe’liga juda yaxshi tushunganliklaridan ko‘pincha bir og‘iz javob olish bilan kifoyalanadirlar. Ammo Otabek bilan birar to‘g‘rida so‘zlashmakchi bo‘lsa, uni aksar mehmonxonaga chaqirib yoki chaqirtirib oladir. O‘zbek oyim yuqoridag‘i o‘zining itob va xitobiga eridan bir iljayib qo‘yish javobini olib dami ichiga tushadilar va chor-nochor o‘ttuz kunlab bir zamonni o‘zicha marg‘ilonliqni qarg‘ash bilan kechiradir. Otabek Toshkandga qaytib kelib, «endi araz bitkandir» degan o‘yda onasig‘a salom beradir. Araz bitish qayerda, O‘z-bek oyimning o‘g‘lig‘a qarshi kinasi tag‘in bir necha qat ortqan, ammo bu gal salom berguchiga bir qaraydir-da, «O‘g‘lim, menga salom berib nima qilasan, marg‘ilonliq onangning duosini ol!» deb yuzini chetka o‘guradir. Ul onasining bu kinoyasini kulgulik bilan kechirib, yana eskicha arazda qolaveradirlar. Otabek yana o‘n besh kunni o‘tkazib, tag‘in bir nozik sababni o‘rtag‘a tashlab onasining ruxsatisiz Marg‘ilong‘a jo‘nab soladir. Tag‘in O‘zbek oyimning rangi o‘chkan, qoni qochqan: tovoqni kosaga, cho‘michni piyolaga urib dodi faryod: «Siz otamisiz, nimasiz axir, o‘g‘lingizni tiyib olish sira esingizga keladimi? O‘g‘lingizning bu ishi bechiz emas: marg‘ilonliq sihr qildimi, jodu qildimi, haytovur siz shu yo‘sunda yuruy bersangiz, erta-indin o‘g‘uldan ajralasiz. Bu kalvak o‘g‘lingiz marg‘ilonliqning eshigida qul bo‘lib yotib oladir...» Ammo Yusufbek hoji xotinning so‘zini bu gal ham elamaydir, faqat: «Qo‘yaber, xotin, o‘zi sog‘ bo‘lsa, bir kun esini topar», deb qo‘yadir. Bir yarim oylar vaqtni Marg‘ilonda o‘tkazib, tag‘in Otabek Toshkandga keladir. Tag‘in ona-bola oralarida kina-kudurat... Tag‘in araz... O‘n besh kun o‘tmasdan yana Andijon safari, yana O‘zbek oyimning fig‘oni falakka... Marg‘ilonliqning sihrchi-joduchisiga o‘lim tilash; meni o‘g‘limdan ajratsa o‘zi ham suyganidan ajrasin, qarg‘ish... Nihoyat oradan bir yil chamasi vaqt o‘tib Marg‘i-long‘a qatnash yetti-sakkizga yetkach, O‘zbek oyimning g‘idi-g‘idisi bilan bo‘lsa kerak Yusufbek hojida ham bir o‘zgarish ko‘rila boshlaydir. Xotinining: «O‘g‘ul o‘sdirishni, o‘g‘ul tiyishni bilmaysiz» deb shiltalashiga: «Nima qil, deysan endi?» deb so‘raydir. — Biz Otabekni Toshkanddan uylandirib boshini bog‘lamasaq, kun sayin uning Marg‘ilon yugirishidan qutila olmasmiz. Toshkanddan uylansa suv quyg‘andek tinarqolar; Marg‘ilon balosini esidan ham chiqarar... — deydir O‘zbek oyim. Ya’ni hamisha yuragini shopirtirib, miyasini mashg‘ul qilg‘an muddaoni aytib solish fursatini qochirmaydir. — O‘g‘ling qaytsin-chi, bo‘lmasa... Erining bu so‘ziga O‘zbek oyim ortiqcha qizishadir, labi-labiga tegmay bobillab beradir: — Siz shu kungacha barcha ixtiyorni o‘g‘lingizga topshirib, bolani bola qilmadingiz, bir xudbin qildingiz... O‘g‘ul o‘sdirish bu turda bo‘lmas; ul tilasin-tilamasin shartta-shartta tilaganingizcha qilingizda, qarab turaberingiz. Siz o‘zingizning shu «o‘g‘ling bilar» degan gapingiz bilan qancha yaxshi joylardan qolib, nihoyat marg‘ilonliq balosig‘a yo‘liqdingiz... Endiki ixtiyor manda: ul kelguncha bir yaxshi joyga unashayin-da, kelgandan so‘ng to‘yni ham jo‘natib yuborayliq! — Turatur-chi... Hojining bunchalik bo‘sh kelishi O‘zbek oyimg‘a qanot-quyruq bergandek bo‘ldi va mundan so‘ng tinib-tinchib turolmadi. Shu gapning ikkinchi kuni Hasanalini qo‘yardaqo‘ ymay arava qo‘shdirib shaharning to‘rt tomonig‘a qiz ko‘rish uchun yurib ketdi. Marg‘ilonliq kelinning ta’rifini Hasanalidan ko‘b eshitkan edi. Otabekning ko‘nglini o‘sha go‘zal marg‘ilonliqdan sovitish yo‘lida undan ham ko‘hlik, undan ham suluk qiz topish ko‘yiga tushdi. Shunga ko‘ra unga uncha-muncha qiz yoqmay, shahardagi ko‘b eshiklarni sanashg‘a to‘g‘ri keldi. Yettinchi martaba ko‘chaga chiqishda Olim ponsad deganning qizi yoqa tushib hojiga arz qilindi. Hoji boshda xotinining bu gapiga kuldi, undan keyin «turatur, o‘g‘ling kelsin», dedi. O‘zbek oyimning bobillashi kuchayabergach: «Nima qilsang o‘zing bil, basharti o‘g‘ling ko‘nmasa men zo‘rlamayman!» dedi. O‘zbek oyim eriga yalinib boshladi: — Bir so‘zlig‘ingizni qo‘ying, er; o‘zi aslzoda, loaqal bir og‘iz o‘g‘lingizga aytib o‘tishka va’da bering-chi,— dedi. — Yaxshi. Va’da ham berayin, ammo san unashmay tur. — Unashmayman, lekin o‘g‘lingizga unashdiq, deb eshitdirarmiz... Tuzikmi? — Ma’qul. Shu o‘lturishdan so‘ng O‘zbek oyim juda ham jonlanib ketdi va ertasiga Olim ponsadnikiga qarab yana arava qo‘shdirdi. Bu ikkinchi sovchiliqda go‘yo qudachalardek qarshi olindi. Olim ponsadboshilar: Yusufbek hojig‘a quda bo‘lar ekanmiz, deb juda ham tipirlashib qolg‘an va izzat-ikromni haddan oshirg‘an edilar. Yegan og‘iz uyalar qabilidan O‘zbek oyim ham muomalani qudalarcha qildi, hatto: «Bek otangiz bilan men so‘zni bir joyiga qo‘ydiq. Faqat ish Otabekning ke-lishiga qoldi» deb qo‘ydi. Kechqurun uyga qaytib bu aytkan so‘zini hikoya qilg‘an edi, hoji labini tishlab qoldi va: «Sanga sira aql bitmay ketar ekan-da», dedi. Bir oylab kechikkandan so‘ng Otabek qaytib keldi va bu kelishining vijdon azobi va tilamagan bir taklifni eshitish uchungina emas, balki qabul qilish uchun bo‘lg‘anlig‘ini payqadi. Ul bu gapni onasining ilgarigi achimsiq so‘zlarini va arazlarini tugalganidan va o‘rniga chuchuk so‘zlar, silliq muomalalar bitib «eson-sog‘ kel-dingmi, bolam»laridanoq sezgan edi. Bunday bo‘lmag‘ur taklifni eshitmas uchun o‘zini chetka olib, otasi, ayniqsa onasig‘a yo‘liqishdan qochib yurishka majbur bo‘ldi. Ikki oradag‘i bu qochish-quvish ishi uzoqqa cho‘zilmay, bir kun mehmonxonada ota-o‘g‘ul so‘zlashib o‘lturganning ustiga O‘zbek oyim kelib kirdi va o‘lturmasdanoq hojiga imlab qo‘ydi. Bu imqo‘qni Otabek payqamag‘an bo‘lsa ham lekin anuv gapni aniq shu majlisda ochilishig‘a ko‘zi yetib, chiqib ketishning ilojini qilolmadi. O‘zbek oyim kelib kirgandan so‘ng Yusufbek hoji bir necha vaqt o‘ylab qoldi. O‘zbek oyim depsinib-depsinib eriga qarab olar edi. Anchagina so‘zsiz o‘lturg‘andan so‘ng hoji muloyimona so‘z ochdi. — O‘g‘lim, hali san eshitdingmi, yo‘qmi haytovur biz saning ustingdan bir ish qilib qo‘ydiq... Otabek ma’lumki, ularning «qilib qo‘ygan yoki qilmoqchi bo‘lg‘an ishlarini» albatta bilar edi. Shundoq ham bo‘lsa bilmaganga solindi: — Aqllik kishilarning o‘g‘ullari ustidan qilg‘an ishlari albatta noma’qul bo‘lmas, — dedi. Hoji o‘g‘lining bu javobidan yerga qaradi va nima deb davom qilishni bilmay qoldi. Istehzo aralash xotinig‘a qarab oldi. Yana orag‘a jimjitlik kirdi. Bu so‘zsizlik ma’nosig‘a O‘zbek oyim tushuna olmag‘an edi. Bir oz qarab o‘lturg‘ach, yuragi qaynab ketkandek bo‘ldi: — Biz saning uchun Olim ponsadboshining qizig‘a unashib qo‘ydiq... Endi san bilan to‘y maslahatini qi-lishmoqchi edik... Otabek onasig‘a bir og‘iz so‘z demay, ma’nolik qilib otasig‘a qarab oldi. Hoji uyatliksumon «shundog‘» deb qo‘ydi. — Sizlarni ranjitib bo‘lsa ham bir martaba uylangan edim-ku? Endi... — San uylansang biz ranjirmidik? — dedi kulib hoji. — Ranjimasalaringiz... Hoji tuzuklanib o‘lturib oldi: — Bu ranjishdan emas, hojatdan o‘g‘lim. — Nima hojat? — Hasanalining so‘ziga qarag‘anda, qayin otang qizini Toshkandga yubormas ekan. O‘g‘il o‘sdirib katta qilg‘an onangning bo‘lsa oldig‘a kelin qo‘yg‘usi keladir... Otabek onasig‘a qaradi: — Bu kungacha kelinsiz ham yashab keldingiz, bundan keyin ham shusiz turib bo‘lardi-ku, — dedi. O‘zbek oyim marg‘ilonliq tomonidan sihrlangan o‘g‘lig‘a qarshi qizishib ketdi. Bir yillardan beri ichiga yig‘ib kelgan kinasini to‘kib berdi: — Man sani bu umid bilan boqib katta qilmag‘an edim... San bizning naslimizni ko‘tarish o‘rniga, yerga urib bulg‘ading. Biz sani Marg‘ilon andisiga bunchalik mukkadan ketishingni o‘ylamag‘an edik, adabsiz... o‘zingga qolsa shu marg‘ilonliqni xoting‘a hisoblab ketaberar ekansan-da, uyatsiz!.. Otabek ham qizishdi: — Xotin bo‘lmasa nima, axir?! — Qoshliq, ko‘zlik bir andi! — Andi deganingiz nima o‘zi? Yusufbek hoji o‘g‘lini bosish o‘rniga javob ber, degandek qilib iljaygan holda xotiniga qaradi. O‘zbek oyim «andi» ma’nosini bildirib, andilarning sihrini rad qilish uchun bir oz tutiliqib qiynaldi: — Andi... andi... o‘zi xitoymi, nima balo... o‘zi qalmoqdan tarqag‘an bo‘ladir... Tushunmagan bo‘lsang, lo‘lilarning bir toyifasi... Bu javobga Yusufbek hoji o‘zini xaxolab kulishdan to‘xtata olmag‘anidek, Otabek ham kulib yubordi. Xotinining tirnoq ostidan kir izlab va da’vosining isboti uchun g‘o‘ldirashidan ortiqcha kulib kayflangan Yusufbek hoji ko‘ziga chiqg‘an yoshlarni artar ekan, jiddiyat bilan o‘g‘lig‘a dedi: — O‘g‘lim, san onangning gapiga achchig‘lanma. Ul har narsa desa faqat Marg‘ilondan uylanganingga qarshilig‘idan aytadir. Ammo mendan so‘rasang, Marg‘ilondag‘i na qudamiz va na kelinimizni hech bir vajh bilan kamsita olmayman, balki bizga quda bo‘lmoq-qa eng muvofiq kishilar edi, balli o‘g‘lim, deyman. Saning tinib-tinchishing, o‘sib-unishing uchun quvonmag‘an ota-ona sog‘qa hisoblanmaydir. San bunga yaxshi ishon. Ammo bizning hozirgi ba’zi bir ra’ylari-miz sanga yotishib kelmas ekan, bunga haqqing ham bor, lekin ikkinchi tarafdan bizni ham haqsiz tashlab qo‘yma. O‘g‘lim, bizning sandan boshqa umid nishonimiz, hayot quvonchimiz yo‘q. Dunyoda ko‘rib o‘taturg‘an barcha orzumiz, havasimiz faqat sangagina qarab qolg‘an. Biz xudoi taolog‘a minglab shukur aytamizkim, san boshqalarning farzandidek eslik-hushlik bo‘lding; kishilardek sen bilan iftixor qilolmasaq-da, san orqalik xijolat chekmasimizga ishondik. Ayniqsa onangning saning tufayli kechiraturgan umidlari tobora ortib bordi. Bu kun onang saning oldingg‘a tiz cho‘kib va onang ko‘ngli uchun men ham orag‘a tushib sandan so‘raymiz: san o‘z xohishing yo‘lida uylangan ekansan, rafiqang sanga muborak bo‘lsin. Eslilik da’vosida yurgan ota-onang tilagi albatta shundan boshqa bo‘lmas. Shu bilan birga sa-ning sababi vujuding bo‘lg‘an bir kishi o‘z hayoti ichida bolasi orqaliq bir orzu-havas kechirmakchi... Uning bu orzusig‘a haq berasanmi, yo‘qmi yana ixtiyor o‘zingda... Hojining bu so‘zi O‘zbek oyimg‘a nechog‘liq yoqqan bo‘lsa, Otabekni shu qadar yerga qaratqan edi. Hoji o‘zidan oshirib so‘zlag‘an bu so‘zlarini shu gap bilan tamomladi: — Bilgan topib so‘zlar, bilmagan qopib, deganla-ridek, onangning aytmakchi bo‘lg‘an so‘zi faqat shu edi. Boyag‘i gaplari bo‘lsa o‘z haqqini himoya yo‘lida uning popisalarigina bo‘lib, mendan ham ko‘ra onangning fe’lini o‘zing yaxshi bilasan... Otabek hamon sukutda, O‘zbek oyim bo‘lsa boshi bilan «shundog‘» ishorasini berar edi. Yusufbek hoji yuqorida o‘tkan gaplarni quruq va asossiz so‘zlamag‘an, balki shu turmushning rukn va asosini bir daraja aytib o‘tkan, Otabek esa buni shu muhitning bir o‘g‘li bo‘lib eshitkan edi. To‘g‘risi ham ul dadasi tomonidan so‘zlangan haligi qonung‘a qarshi chiqish uchun lozim bo‘lg‘an kuchka molik emas; bas, kuchsizlikning natijasi esa sukut edi. Ul bir tomondan shunday orzu-havas uchun bola o‘sdirg‘an ota-onani mukofotlandirmakchi va otasi aytkan xijolat chekdirmayturg‘an o‘g‘ullardan bo‘lmoq-chi edi ersa ham, ikkinchi yoqdan o‘zini asir etkan shahlo ko‘zlar unga nafratlanib qarag‘andek bo‘lurlar, go‘yoki vafosiz, va’dasiz, deb qichqirarlar edi. To‘g‘risi ham uni ota-ona mukofotiga qarshi oyoqlandirmoqchi bo‘lg‘an narsa haligi ko‘zlargina, ammo uning bu isyonnamo harakatidan boshqa unsurlar qidirish va chiqarish o‘rinsiz tushar edi. Ota-ona orzusini ifo etishdan bir soniya ham o‘zining ko‘z o‘ngidan xayoli ketmagan anuv ilohiy muhabbat uchun hech bir turlik kamchilik kelmasiga ishonsa ham hozir uning yuragini boshqa bir haqiqat tirnay boshlag‘an va vijdonini faqat shu masala-gina o‘rab olg‘an edi. Otabekcha eng nozik sanalg‘an bu masala qaroshidag‘i javob kutib o‘lturg‘uchilarni nihoyat zeriktirdi. — Bizni kutdirma, o‘g‘lim. Otabek mag‘lub bir boqish bilan bu so‘zni aytkuchi otasig‘a qaradi va yalinchoq bir ohangda javob berdi: — Men sizlarning orzularingizni bajarishka — agar xursandchilig‘ingiz shu bilan bo‘lsa — har vaqt hozirman. Ammo bir bechoraga ko‘ra-bila turib jabr ham xiyo-nat... Hoji o‘g‘lining maqsadig‘a darrov tushuna olmadi va so‘radi: — Kimga, xotiningg‘ami? — Yo‘q, sizning oladirg‘an keliningizga. O‘g‘lingiz-ning vujudi bilan orzuingizni qondirish oson bo‘lsa ham keliningiz qarshisida meni bir jonsiz haykal o‘rnida tasavvur qilingiz. Yusufbek hoji yalt etib xotinig‘a qaradi. O‘zbek oyimning bo‘lsa oladirg‘an keliniga e’timodi yuqo-rilig‘idan o‘ylab-netib turmadi: — Mayli, bolam; buyoqni hozir san o‘ylamay qo‘y,— dedi. Otabek bir og‘iz so‘z aytmay sukut qildi, Yusufbek hojining esa o‘g‘lining so‘zini to‘g‘rilig‘ig‘a, keyindan yuz ko‘rsataturg‘an ko‘ngilsiz ishlarga aqli yetsa ham, ammo bir mulohaza yuzasidan istiqbolning qorong‘i ishlarini hozir uncha mulohaza qilib ko‘rmadi: — Juda to‘g‘ri aytasan, o‘g‘lim; biroq onangning bir mulohazasizligiga boshdayoq men labimni tishlab qolg‘an edim. Hozirda ham shu holda qolmoqqa majburman, — dedi va: — Biz hozir andi-shaning bandasi, men emas onang biravni ishondirib qo‘yg‘an: biz-ning oiladan lafsizlik chiqishi menga ma’qul ko‘rinmaydir. Otabek ota-ona orzusig‘a o‘z ta’biricha jonsiz haykal bo‘lib rizoliq berdi. Ammo o‘z rizolig‘ining sharti qilib to‘ydan ilgari Marg‘ilon borib kelishni va bir daraja ularga aytib o‘tishni, shundan so‘ng to‘y boshlashni ahd qildi. Ishning yengil ko‘chishiga so‘yingan ona Otabek-ning bu shartiga lom demasdan ko‘ndi va orzuliq to‘yni tez boshlash uchun o‘g‘lini Marg‘ilon ketmakka qistay boshladi. O'tkan kunlar — 25. Unutmaysizmi?.. Uning bu galgi Marg‘ilon yo‘liga qo‘zg‘alishi ortiqcha bir og‘irliq bilan, ikkilanish bilan o‘ralg‘an edi. Kumushbibi uchun dunyoga sig‘masliq bir shodliqning, ko‘rguchi ko‘zlariga ishona olmasliq bir baxtning bu gal ko‘tarib bo‘lmayturg‘an bir qayg‘u, chidab bo‘lmayturg‘an bir hasrat bo‘lib borishini ul yaxshi tushunar edi. Har bir gal Marg‘ilon borg‘anida olib boraturg‘an nafis sovg‘alari bu gal juda zaharlik, ortiqcha alamlik bir sovg‘ag‘a aylangan, Kumushbibi bu sovuq kundash sov-g‘asini ko‘rganda ehtimol... nimalar bo‘lar va qandog‘ hollarga tushar edi. Bu mudhish sovg‘ani ehtimolki, uning otaonalari ham qabul qilmaslar: birdan-bir yolg‘iz qizlari uchun bunday gapning yarashmasini aytib: «Sovg‘ang ham kerak emas, o‘zing ham» degan javob bilan yuziga ham urarlar. Mana, uning bu galgi og‘ir harakati va qo‘zg‘alishig‘a nimalar sabab edi. Bu og‘riqqa orzu egalarining qistoqlari nihoyat berdi. Ya’ni chor-nochor bu tuturiqsiz sovg‘ani ko‘tarib yo‘lg‘a tushishka majbur bo‘ldi. Otning boshini o‘z ixtiyoriga qo‘yg‘an, ilgarigidek yurak oshiqishlari ichida otni tez yurishka qistamay suvga tushkan nondek bo‘kib-bo‘shashib, yuz xil sovuq, yaramas xayollar qo‘lida ezilib, o‘zining dunyoda bormi-yo‘qmilig‘ig‘a ham tushunmay keta beradir. Hozir ko‘klam kunlari: qirlar, tog‘lar, soylar; ko‘k-qizil, oq-qora, sariq-zangor, pushtigo‘ las va tag‘in allaqancha ranglik chechaklar bilan ustlarini bejab, qishi bilan to‘nggib arang yetishkan oshiqlarig‘a yangi hayot, yangi umid beradilar. Qish bo‘yi alla qaysi go‘r ostlarida junjib chiqg‘an qush zotlari: chumchuqlar, chittaklar, to‘rg‘aylar, sa’valar va boshqa allaqancha qush durkumlari o‘z to‘plari bilan vijir-vijir, chug‘ur-chug‘ur sayrab kuladirlar, yer yuzini tutkan chechak gilamlari ustini o‘pib yalaydirlar, yotib cho‘qiydirlar, sapchib uchadirlar... uzoq-uzoqdan kakku qush ham arzi vujud qiladir: «kakku-kakku». Poyonsiz qirlarning nihoyatsiz bijir-bijir ko‘rib to‘ymasliq ko‘k gilamlari va ularning dimog‘larg‘a majburiy iskatkan davo islari, yoqimliq hidlari har qandog‘ ishdan chiqayozg‘an hayot egasini ozg‘ina bo‘lsa ham epka ola biladirlar. Shuningdek, bu chechak qirlari o‘z bag‘rida suzib borg‘an Otabekni ham o‘ziga qaratmay qo‘ymaydir. Uning fikri anuv qorong‘uliqlar ichida suzma ham ko‘zi chechak va sabzalar tomoshasida, dimog‘i hidlar istishmomida, qulog‘i qushlar nag‘masida bo‘ladir. Nima bo‘lsa ham tevaragidagi ko‘klam bejaklarini ko‘zdan kechira boradir. Bora-bora fikri ham shu ko‘rinishlardan hissa olmoqqa boshlaydir. — Hov ana bir qaldirg‘och, to‘g‘rig‘a qarab o‘qdek otilib boradir, uchkan yo‘lida vijirvijir sayrab ham qo‘yadir. Qaldirg‘ochning qayg‘usi yo‘q, suyganining oldig‘a tezroq yetish uchun shoshadirg‘andir: sayrog‘i ham suyganining ko‘rish shodlig‘i uchundir... Baxtlik qaldirg‘och: olg‘an sovg‘asi ham qo‘rqunch emasdir, ota-onasining ham orzuhavaslari yo‘qdir. Ularning turmush qonunlari juda yengil, ikav-ikav, suygan-suyganni oladirlar-da tog‘larda, yerlarda, ko‘klarda uchib yuruyberadirlar. Men ham shu qaldirg‘ochdek uning sari otilib, vijir-vijir sayrab uchar edim. Uning qaldirg‘ochliq qanoti ota-ona mukofoti bilan qayrilg‘an. Unga uchkali erk bermaydir-lar. Lekin hayvon uning qayrilg‘an qanotig‘a qaramasdan o‘zining eski adim tashlashida qirlar, tog‘lar oshib suvlar kechadir; yetti-sakkiz qayta borib kelgan tanish shahariga intilgandan intila beradir. Bu oshishlar, bu kechishlar o‘zga vaqtlarda Otabek uchun huzur va oshiqish bag‘ishlag‘an bo‘lsalar, bu gal uni nafratlandiradirlar, bormay qaytish fikri halidan-hali ko‘ngliga kelib turadir. Uzoqda qo‘sh haydab yurgan yigitning ashulasi eshitiladir: «Ikki yorni ajratuvchi bu falakning gardishi!» Ruhlik, kuchlik ko‘krakdan chiqg‘an bu ashula tevarakni zir-r etdirib yuborg‘andek, Otabekka ham boshqacha bir ta’sir beradir. Go‘yo bu dehqon uning istiqbolidan hikoya qilg‘andek bo‘ladir. Bu bayt dehqonning og‘zidan yana takrorlanib tag‘in tevarakni yong‘iratadir. Endi Otabekning ko‘nglidan bir gap ham o‘tib ketadir: «Ikki yorni ajratquchi bu falakning gardishi emas, ota-onaning orzusi!» O‘zining sirlik ma’nosig‘a Otabekning istiqbolini olib ko‘ringan bu bayt nihoyat uni yig‘latadir. Ko‘z yoshlari yuzi orqaliq egarining qoshig‘a va otining yolig‘a toma boshlaydir... Marg‘ilong‘a to‘rt qo‘nib kirar edi, bu gal oltinchi qo‘nishda yetdi. Tevarakdan asr azoni eshitilgan vaqtda otdan qo‘ndi. Otini qutidorning yo‘lagiga yetaklar ekan, negadir yuragi o‘ynab ketdi. Bu gal o‘z odatidan o‘n kunlar chamasi kechikkani uchun «balki kutib o‘ltur-g‘andir» deb o‘ylab haligi yurak o‘ynog‘isi tag‘in ham kuchaydi va yo‘lakdan mehmonxona havlisig‘a chiqg‘ach, ixtiyorsiz otining bo‘ynig‘a suyalib to‘xta-moq-qa majbur bo‘ldi. Chindan ham ul ayvonning oldida kutib o‘lturgan edi. Xayolot ichida Otabekning kelib kirganini sezmay ham qoldi. Nihoyat, qora ohu ko‘zlarni to‘ldirib bunga qaratib olg‘ach, o‘rnidan turdi-da, ichkari havlisig‘a burilib keta berdi. Bu burilish ma’nosig‘a Otabek allaqachon tushunib qolg‘an, bu o‘zining kechikib uni zoriqdirg‘ani uchun... Kechikish uchun bunchalik araz qilg‘an bu go‘zalning kundash uchun qandog‘ holga tushmog‘i ma’lum edi. Otabek tamom bir esankirashda qoldi. Otini axtaxonag‘a bog‘lab, sovg‘a-salom to‘ldirib kelgan ipak xurjinni ko‘tarib ichkariga kirdi. Suyukli kuyavni yo‘lakda ko‘rgan Oftob oyim qilib turg‘an yumishini uloqtirib Otabekning oldig‘a yugurdi, jonini ming tasadduq qilib ko‘rishkach, kechikkani uchun nechog‘liq tashvishlar tortib va qandog‘ tushlar ko‘rganini labi-labiga tegmay so‘zlay ketdi. Allaqayoqlarda yurgan To‘ybeka ham yugura kelib so‘rashmoqqa uyalsa ham, ammo «chiroylik yigit»ning qo‘lidag‘i xurjinni oldi. Oftob oyim yugura-yugura qat-qat ko‘rpachalar solib, kuyavni o‘lturishka taklif qildi va qarshilashni har galgidan ham oshirib yubordi. Lekin Otabek bu qarshi olinishlarg‘a juda ishonchsiz qarar, bu kun bo‘lmasa ertaga «ota-ona orzusi» bilan bu siylanishlarni birdan o‘zgarib ketmagiga imon kelturib, qaysi yo‘sunda o‘lturib olg‘anini ham payqamas edi. Oftob oyimning bir qancha yaxshi tilaklar bilan bo‘lg‘an duosiga ham ishonchsiz qo‘l ko‘tardi va mash’um «orzu»ning bundog‘ yaxshi duolarni ost-ust qilishini o‘yladi. Fotihadan keyin Oftob oyim tovoqni xurmaga, xurmani tovoqqa urushdirib kuyavga qatiq olib chiqdi va Otabekning ichmaganiga ham qo‘ymay «ichingiz, yo‘l g‘uborini oladir» deb qistay boshladi. So‘ngra To‘ybekani choy qaynatishg‘a buyurib o‘zi kuyavi bilan so‘rashdi: — Otangiz, onangiz salomatlarmi? — Shukur, sizga salom aytdilar. — Hasanali otam sog‘mi, nega siz bilan kelmadi? — Shukur, sog‘, ba’zi ishlar bilan bo‘lib kelolmadi,— bu javobni berish homono ko‘nglidan kechdi: «Nega yolg‘on gapirasan, Hasanali to‘y harakatlari bilan mashg‘ul emasmi...» Otabekning kirib o‘lturganiga bir necha daqiqa fursat o‘tkan bo‘lsa ham hamon Kumush uydan chiqmadida, arazini qattig‘ ushlagancha o‘lturib oldi. Oftob oyim kuyavi yuzida ko‘rilgan o‘ychanliqni Kumushning uydan chiqmag‘anlig‘ig‘a yo‘yib qizini chaqirdi: — Kumush! Qallig‘ing keldila-ya, chiqib so‘rashishni ham bilmaysan! Oftob oyimning shu yo‘sun chaqirishi uch-to‘rt qaytalab bo‘lsa-da, Kumush eshitmaganga solinib arzimagan narsalar bilan shug‘ullang‘an bo‘lib chiqa bermadi. Otabekning yuzidagi o‘ychanliqqa razm qo‘yg‘an sayin Oftob oyimning haligi shubhasi ulg‘aya bordi, kuyavning ko‘zini shamg‘alat qilib qizining oldig‘a kirdi va shivirlab Kumushni urisha boshladi: «Esingni yedingmi qizim, ering sani deb Toshkand degan shahardan kelsayu, san kim keldi deb oldig‘a chiqmasang. Tur, chiqib so‘rash, arazlab ketib qolsa nima qilasan?» Oftob oyimning bu keyingi so‘zi chindan ham Kumushni o‘ylatib qo‘ydi: «...Ketib qolsa nima qilaman?» degan jumlani ko‘nglidan kechirdi-da, onasidan ilgariroq go‘yoki, ayvon toqchasidan bir narsa oladirg‘andek bo‘lib, o‘ziga termulib turg‘an Otabekka yer ostidan sekingina bir kulib boqdi va toqchadag‘i keraksiz bo‘lg‘an bir piyolani olib, yana uyga kirib ketdi. O‘zbek oyimning sihirchi-joduchi deb qarg‘ashi ham hikmatsiz bir gap emas. Kumushbibining bu kulib qarashi Otabekka ajib bir inqilob yasag‘an edi. Undagi oniy bu o‘zgarish juda qiziq va sira ishonmasliq edi. Ul bu yer tegidan bir kulib boqish ta’siri bilan ustidagi tog‘dek bosib yotqan «orzu»ni ag‘darib solg‘an va qushdek yengil tortqan edi. Uning oniy bu o‘zgarishi shundan iborat edi: «Ularning orzu va rizoliqlari, bu rizoliq sharofati bilan topiladirg‘an savob, yurtning yuqori-quyi gaplari — barchasi ham Kumushning yolg‘iz shu birgina kulib qarashi oldidan o‘tabersin!» Oniy bu o‘zgarishdan so‘ng taraddudsiz shu qarorni ko‘nglidan kechirdi: «Ularning orzularini bularga so‘zlamayman-da, Toshkandlariga ham bormayman». Undagi bu o‘zgarish oniy bo‘lg‘anidek juda jiddiy ham edi. Ko‘ngliga necha kunlardan beri uzala tushib yotqan bu chigil «bir kulib boqish» sihri bilan yeshilgan va Marg‘ilonda doimiy turg‘unliqqa deb tugilgan edi... Bu o‘zgarishdan keyin onadan tug‘ma bo‘lib yengil tortdi, go‘yoki mundan so‘ng o‘ziniki bo‘lg‘andek qilib ishonch va sokit ko‘zlari bilan uyga qaradi. Shu vaqt uy ichidagi sitamgar pari o‘zining sihirlik ko‘zlari bilan Otabekka yana kulib qarab turar edi-da, go‘yoki shu ku-lish bilan o‘z sihrining qaysi darajalarda kuchlik bo‘lg‘anini so‘zlab faxrlanar edi. O‘rtadan o‘n besh kunlar vaqt o‘tdi. Kumushning qaytalab so‘rashig‘a: — Chindan-chindan: mundan so‘ng Toshkand bormayman, — degan javobni berar edi. Kumush bu gapka ajablanar, to‘g‘risi, shodlanar edi. Marg‘ilon kelganning yigirmanchi kuni. Otabek hozirg‘ina qayoqqadir chiqib ketkan edi. Qutidor odatig‘a qarshi bozordan kunduz soat uchlarda qaytib keldida, Otabekni so‘radi, yo‘qlig‘ini bilgandan so‘ng xotinini mehmonxonag‘a boshlab chiqdi. — Tinchlikmi? — deb so‘rag‘uchi Oftob oyimg‘a so‘yinch va yo quvonchlig‘i bilinmagan bir vaziyat bilan javob berdi: — Tinchlik. Mehmonxonada eru xotin yonma-yon o‘lturishdilar. Oftob oyim bu boshi-oyog‘i yo‘q ishdan yorilar darajasiga yetayozgan edi. — Otabekdan hech bir so‘z eshitdingmi? — deb so‘radi qutidor. — Qanday so‘z eshitay, har qachon so‘zlaydir, albatta men eshitaman. — Toshkand to‘g‘risida hech gap aytmaydimi? — Toshkandga bir gap bo‘lg‘anmi? — Toshkandga hech gap bo‘lmag‘an, — deb kulimsiradi qutidor. — Manim muddaom boshqa to‘g‘rilarda. Qizingdan ham hech gap eshitmadingmi? — Hech gap... Ha, aytkandek kecha, erining mundan keyin Toshkand bormaslig‘ini so‘zlag‘andek bo‘lg‘an edi. Qutidor bir ishka tushungandek ko‘zini o‘ynatib oldi va so‘radi: — Endi Toshkand bormas emishmi? — Bilmadim; chinmi, chin emasmi, haytovur qizingizdan eshitkandek bo‘lg‘an edim. Nima, ota-onasi bilan urishib kelganmi? — Yo‘q, — dedi qutidor va cho‘ntagidan bir narsani ola-ola aytdi, — men bu kun Toshkanddan qiziq bir xat oldim. — Kimdan? — Qudangdan, — dedi qutidor va xatni ocha-ocha,— shuni sanga o‘qub bermakchiman, — dedi. — Axir o‘zi nima gap? — deb so‘radi Oftob oyim. — Eshitsang bilasan. «Qudamiz Mirzakarim qutidorg‘a va qudachamiz xo-nimg‘a yetub ma’lum bo‘lg‘aykim, bizlar munda sog‘-salomatdirmiz va ul jonibdagi siz hurmatlik va izzatliklarni parvardigori olamdin sihhatlaringizni saloti xamsa oldida so‘rab turmoqdamiz. Ba’da maxfiy qolmag‘aykim, kuyav o‘g‘lingiz xizmatlariga yuborilg‘an edi. Inshoolloh, salomat yetkan bo‘lsa kerak. Ammo siz hurmatlularga ma’lumdir, bizning shul Otabekdan o‘zga farzandimiz bo‘lmay, dun-yoda o‘zimizdan keyin qoldiraturg‘an tuyoqimiz va ko‘z tikkan orzu-havasimiz, umid hadafimiz faqat shul Otabekdir. Muhtaram siz burodarimizning shul yagona o‘g‘limizni farzandlikka qabul qilib, ammo bizning kelin bolamizni Toshkandga yubormag‘anlari bizning janobla-ridin bo‘lg‘an minnatdorlig‘imizni va yana o‘g‘limizg‘a bo‘lg‘an marhamatlarini bir oz tugallay olmadilar. Ammo kaminalari bu xususdagi aybni sizning ustingizga butunlay yuklay olmaymiz, zeroki, bizning boshimizda bo‘lg‘an «yolg‘iz tuyoqliq» savdosi sizning ham boshingizda bordir. Nachukkim, Otabekning ko‘p umri Marg‘ilonda o‘tib, bizlarni ham siz o‘ylag‘an og‘irliqqa solmoqdadir. Birodari aziz, siz manim bu so‘zlarimdin xafa bo‘la ko‘rmangiz, zeroki, faqiringiz bu so‘zlarni bir yo‘sin kelish vajhidin yozib o‘tdimiz. Dunyo orzu-havas uyi derlar. Yuqorida bayon qiling‘anidek va o‘zlari bilganlaridek, ayniqsa qudachalarining dunyoga kelib kutkani shu yolg‘iz o‘g‘ulning orzu-havasidir. Janoblari bul ishka haq berurlarmi, yo‘qmi, ammo azizlarning ruxsatlarini olmasdanoq Otabekni Toshkanddan ham taalluqdor qilmoqchi bo‘lib, bul ma’niga ba’zi harakatlarini qilib qo‘ygan erdik. Ammo bizlarning bul ra’yimizga o‘g‘lingiz qarshi tushib harchand rad qilsa ham nihoyatida onasining so‘zini yerda qoldirmasliq uchun qabul qilg‘an erdi. Ammo bul to‘g‘risidag‘i siz janoblarining ruxsatlaringiz ba’dida javob bermakchi bo‘lib, xizmatlariga ketkan erdi. Siz hurmatlular bul ma’nini savob toparsizlarmi-yo‘qmi, bu jihati yana marhamatlaringizga bog‘liqdir. Bu maktubni yozishdan qasdimiz shulkim, Otabekning u ikkinchi taalluqqa aslo ra’yi bo‘lmay va yana sizlarga aytmay bul tarafda bizlarni xijolat chekdirib qo‘yarmi, deb o‘yladiq. Burodari kiromi, siz dunyo ko‘rgan bir kishisiz, onasining bu talabini xo‘b mulohaza qilib ko‘ringiz, bu to‘g‘ridag‘i ra’yi o‘g‘lingizga qarag‘anda ham faqirlaricha sizlarda bo‘lg‘ani vajhidin albatta ko‘ndirishka sa’y va ko‘shish qilursiz, deb ishonamiz. Otabekning ikkinchi taalluqi to‘g‘risida kelin bolamizg‘a bildirilmasa xo‘b erdi. Bizlarning xursandchiliklarimiz yo‘lida Otabek bilan birga Toshkand tushib, o‘z qo‘llari bilan to‘yimizni o‘tkazishingizga ishonib Yusufbek hoji va qudachalari. 17-nchi savr oyida 1265-inchi hijriyada yozildi». Qutidor xatni o‘qub bitirdida, xotinig‘a qaradi. Oftob oyimg‘a bu xat muzlik suvga sho‘ng‘utib olish ta’sirini bergan va o‘lturgan yerida sirra bo‘lib qotib qolg‘an edi. Otalar uchun bundog‘ gaplar unchalik yomon ta’sir bermasa-da, xotinlarg‘a qanday asar qilishi bilgulukdir. Oftob oyim uchun go‘yoki qizining birar aybi uchun bu ishka majbur bo‘ling‘andek, Kumush esa endi eriga suyumsiz, ishdan chiqg‘an va burchakka tiqilg‘an uvadadek bo‘lib ko‘rina boshlag‘an edi. Maktubni eshit-kan quloqlari yanglish eshitkandek bo‘lar edi. — Tag‘in o‘qub ko‘ringiz-chi... Qutidor xotinining so‘zidan kuldi: — Qaytarib o‘qishning foydasi yo‘q, xatning maqsadi san onglag‘andek, — dedi. Oftob oyim boshi yanchilg‘an ilondek to‘lg‘andi: — Qizim ustiga kundash?! Qutidor qafaska yangi soling‘an qushdek urinmakka olg‘an xotinini bosmoq bo‘ldi: — Ortiqcha urinma, ilgari haqiqatka tushun-chi... — Haqiqati nimasi? — Bunda gap bor. — Nima gap bor? — Agar bu ishda kuyavingning ham izi sezilganda edi, san emas man ham bu gapka chidamas va qizim ustiga tushkan bu og‘ir masalani tinchlik bilan qarshi olmas edim. Ammo bunda kuyavingning ishtiroki ko‘rilmay, shuning ila manim damim kesilib qoldi. Hali uning qizingg‘a: «Mundan keyin Toshkand bormayman», deb aytkanini so‘zlab eding-a? — Yolg‘onmi, chinmi, — dedi Oftob oyim tilar-tilamas, — eshitkandek bo‘lg‘an edim. — Eshitkandek bo‘lg‘an bo‘lsang ham bu so‘z chindir, — dedi qutidor, — nega desang, xatining mazmunidan ham onglashiladirkim, bu ikkinchi uylanishka Otabek butunlay qarshi bo‘lib, faqat bu gap qudala-ringninggina ishlaridir. Shuning uchun kuyavingning uylanishini qizing ustiga chin ma’nosi bilan kundash deb bo‘lmaydir. Oftob oyim kutmagan joyda qutidor tamoman Otabekni ikkinchi uylantirish tarafida turib so‘zlar va o‘lganning ustiga chiqib tepar edi. — Agar Otabek bu ikkinchi uylanishka rizo bo‘lsa edi, birinchidan ruxsat olish uchun Marg‘ilong‘a kelib yurmas... — Shoshmang-chi, — dedi Oftob oyim, — o‘zingizcha nimani so‘zlay yotibsiz? — Bu ikkinchi uylanishda Otabekning rizosizligini. — Kuyavingizning rizolig‘i bo‘lmasa xudo xayrini bersin, vassalom. — Gap unda emas-da, — dedi kulib qutidor. — Nimada? — dedi qizishib Oftob oyim. — Qizingiz ustiga kundash balosini o‘z qo‘lingiz bilan yuklamakchi bo‘lasiz shekillik! Qutidor sovuqina qilib kulib qo‘ydi: — Tushunmay yotibsan, xotin. — Hamma gapka tushunib turibman. — Tushungan bo‘lsang bu xatka nima deb javob beramiz? — Bizga ma’qul emas, deng. — Ma’qul emas, deyish bilan ish bitmaydir, birarta dalil ko‘rsatish kerak. — Toparsiz, axir dalilni. Qutidor tamoman to‘nni teskari kiyib olg‘an xotinig‘a qarab boshini qashib oldi: — Xatda ikkinchi uylantirish uchun bo‘lg‘an sababni qizimizni Toshkand yubormag‘anlig‘imizda ko‘rsatila-dir, — dedi qutidor. — San aytkancha kuyaving Toshkanddan ikkinchi uylanmasin-da, Kumushni qudalaring oldig‘a turg‘un qilib yuborayliq, tuzikmi? — Nega men yolg‘iz qizimni Toshkandga yuboray, — dedi ko‘zini olalandirib, — biz qizimizni berishda Marg‘ilondan tashqarig‘a olib ketmas va’dasi bilan berganmiz. — Bu gaping to‘g‘ri-ya, — dedi qutidor, — men ham Kumushni Toshkand yubormoqqa qarshiman. Gap bu yerda: biz Otabekdan bu va’dani olg‘an choqda, «Ota-onang‘dan kechasan, ikkinchi uylanmaysan» degan va’dani ham olg‘anmi edik? — Bunday va’dani bergan bo‘lsin-bo‘lmasin, — dedi entikib, — suyub olg‘andan so‘ng ikkinchi uylanish so‘zini ham og‘zig‘a olmasin. — Kim aytdi sanga, og‘zig‘a oldi, deb? — Hech kim aytmagan bo‘lsa ham siz orag‘a tushmang deyman, o‘z oyog‘ingizga o‘zingiz bolta qo‘ymang, deyman. — Pichoqni o‘zingga ur, og‘rimasa boshqag‘a, degan bir gap bor, — dedi jiddiy vaziyatda, — mendan ham san yaxshiroq tushunib turibsanki, agarda bizning rizoligimiz bo‘lmas ekan, Otabek sira ham ikkinchi uylanmaydir. Masalan, biz ikav — qudalarning o‘rnida bo‘lib, yolg‘iz o‘g‘limiz boshqa bir shaharda, biz tanimag‘an bir qizg‘a uylanib qolg‘anda — o‘ylab qara, chiday olurmi edik. O‘g‘limiz ko‘nmaganda ham o‘z shahrimizdan ikkinchi uylantirishka kirishmasmi edik. Bu tilagimizga qarshi tushib o‘g‘limizni o‘z shahri va o‘z uyida olib o‘lturg‘uchi qudalarimizg‘a la’nat o‘qub o‘lim tilamasmi edik? Bu so‘z Oftob oyimni bir oz o‘ylatib qo‘ydi. Lekin hali ham oyoq uzatmag‘an edi. — Endi nima qilmoqchisiz? — Nima qilar edim, — dedi qutidor, endi hamma ixtiyorni o‘z qo‘lig‘a olib qo‘yg‘an edi, — Otabek ko‘nmaganda ham ko‘ndirib, o‘zim birgalashib Toshkand tushaman... — Qizingiz bechoraga... — Qizimga hech gap yo‘q. Hali ham izzati, hurmati o‘z qo‘lida. — Qurib ketsin shu dunyoning ishlari! — Qizingni Toshkand jo‘natishka ko‘n bo‘lmasa. Oftob oyim javob berish o‘rniga o‘krab-o‘krab yig‘ladi. Qayin ota, qayin ona, kuyav... Bu uch burchaklik o‘lturmishdan Otabek ko‘nglida necha turluk shubha tug‘ilmoqda edi. Bu odatdan tashqari chaqiriq nega mehmonxonag‘ a bo‘ldi? Nega Kumush bu o‘lturishka chaqirilmadi? Qayin onasi nega unga termulib boqadir? Qutidor tomonidan shu orada ul kutmagan bir savol ham tashlanib qo‘yildi. — Otabek, uyalmay, tortinmay javob beringiz; bu gal Toshkanddan chiqishingizdagi asl maqsadingiz nimaga edi? Otabek tarafidan kutilmagan bu savol uni shoshirdi va nima deb javob berishni bilmay qoldi. — O‘zim... sizlarni ko‘rish uchun. — To‘g‘risini so‘zlangiz, bek, — qutidor bu gapni yarim jiddiy qilib kulib aytdi. Chunki Otabekni shu yo‘sun ba’zi yoqlardan ta’min etmakchi va unga bu to‘g‘rida jasorat bermakchi edi. — Aytdim-ku. — To‘g‘ri aytmadingiz... Otabek shoshqan holda edi: — Toshkanddan chiqg‘animdagi maqsadni so‘zlash sizlarga bir behuzurlik berganidek o‘zimga ham og‘ir... U to‘g‘rida qat’iy bir qarorg‘a kelganim uchun sizlarga so‘zlab o‘lturish ham foydasiz, — dedi. Oftob oyim eriga qarab oldi, qutidor yovoshqina bir tovush bilan so‘radi: — So‘zlash og‘irmi? — Mengagina emas, hammamizga ham og‘ir... — Agarda biz rizoliq bersamiz-chi? Erining bu jasoratiga qarshi Oftob oyimning yuziga rizosizliq belgusi chiqdi. Otabek ersa seskanib uyqudan uyg‘ong‘andek bo‘ldi va ikkilanib so‘radi: — Siz nimaga rizoliq berasiz? — Bu gal Toshkanddan nima maqsadda chiqg‘an bo‘lsangiz — o‘shanga. Otabek xijolat bilan ter chiqardi: — Toshkanddan nima maqsadda kelganimni bilasizmi? — Bilamiz, — deb kuldi qutidor. — Sizni bunday ishka rizoliq uchun kim va nima majbur etadir? — Hech kim majbur qilmaydir, — dedi kulib qutidor,— majbur qilg‘an narsa: shunday kunlar uchun o‘g‘ul o‘sdirg‘an ota-onaning rizoliqlarig‘ina, balki sizni ham shu gap majbur qilar. — Otam bilan onamning rizoliqlari uchun shundan boshqa sabab qurib qolg‘anig‘a nima deyishimni ham bilmayman. Garchi Toshkandda ekan chog‘imda bu rizoliq yo‘lig‘a bel bog‘lang‘an bo‘lsam ham, endi bu bel bog‘lashni butunlay o‘rinsiz bo‘lg‘anig‘a tushundim... Oftob oyim oz qoldiki, «to‘g‘ri!» deb qichqirsin. Ammo qutidor xotinig‘a xo‘mrayib qaradi. — Qisqaroq o‘ylaysiz, Otabek, — dedi, — otangiz bizga murojaat qilmag‘anda edi, biz bu ishda betaraf qolsaq bo‘lar edi. Hozirda biz ham sizning so‘zingizga qo‘shilsaq siz emas, yomon otliq biz bo‘lamiz. — Uning mulohazasini qilmang. — Nega qilmayliq? — Hamma aybni manim ustimga yuklab javob yozingiz. Qutidor kuldi va so‘radi: — Toshkandda ekan chog‘ingizda otangizning taklifini qabul qilg‘an edingizmi? — Qabul qilg‘an edim. — Bizning ruxsatimizni olg‘ali Marg‘ilong‘a ham kelgan edingiz, shundog‘mi? — Shundog‘... — Barakalla, Marg‘ilong‘a kelib bu gapdan aynadingiz-a? — Aynadim... — Endi Toshkandga Marg‘ilondan aynab borasiz? — ... — Mana ko‘rdingizmi, faqat bu ishda bizgina yomon otliq bo‘lamiz. O‘zingizning shu xatongiz uchun ham bu gapni qabul qilmoqqa majbursiz. Otabek nima deb aytishdan ojiz qoldi va o‘zining bolaliq harakatidan seskandi va xijolat orasida so‘radi: — Otam sizga qachon xat yozg‘an edi? — Kecha oldim. Demak, ko‘ndingiz? — Men bu gapka durustlab o‘ylamasdan javob beralmayman. — Qancha o‘ylasangiz ham javobingiz birgina bo‘lishi kerak; ya’ni rizoliq. Qutidorning bu so‘zi juda ham qat’iy edi. Bu qat’i-yatni onglag‘uchi ko‘ngildan chiqarayozg‘an bu masalani chinlab o‘ylamoqqa majbur edi. Nima bo‘lg‘anda ham ko‘nglining bir chekkasini kirlatib yotqan bu «ota-ona orzusi» bir tomondan qaralg‘anda juda yengil ko‘chkan edi. Ammo ikkinchi tomondan masalaning yeshilmagan o‘rinlari ham bor edi. — Yaxshi, — dedi, — men sizning taklifingizga ko‘nayin, ammo ko‘nishning va rizoliqning zaruri qizingizda emasmi? Shu choqqacha mungg‘ayib o‘lturgan Oftob oyim yalt etib eriga boqdi, yana cheksiz bir mehribonchiliq nazari bilan Otabekka qaradi. — Siz qizimizning andishasini qilib o‘lturmangiz, bek, — dedi qutidor, — bu ishni eng yaxshisi unga bildirmaslikdir, keyinroq o‘zi ko‘nikib ketar, bu taraflardan tashvish lozim emas. — Yo‘q, — dedi bek, — men bu ishka basharti ko‘nganimda ham qizingizdan yashirmayman. — Nega? — Negaki uning rizolig‘ini olmasdan turib, bu ishka oyog‘ qo‘yishim mumkin emas. — Agar ko‘nmasa-chi? — Ko‘nmasa, men ham ko‘nmaslikka majburman. Bu uzil-kesil so‘zdan qutidor o‘ylab qoldi. Oftob oyim bo‘lsa, qizining qadrini bunchalik arshlargacha ko‘tarmakda bo‘lg‘an yigitka o‘zida cheksiz muhabbat, poyonsiz ehtirom sezmakda va nima uchundir yig‘lag‘usi va kuyavi yuzidan o‘pkusi kelmakda edi. — Tuzik, — dedi qutidor, — uning rizolig‘ini o‘zingiz olmoqchimisiz? — Yo‘q, negaki qizingiz uchun haqorat bo‘lg‘an bu so‘zni aytish manim qo‘limdan keladirgan ish emas, — dedi. Eru xotin bir-birlariga qarashib qo‘ydilar. Keyingi so‘zni aytib bitirgach, Otabekning ko‘ziga yosh kelgan edi. O‘zining holidan uyaldi shekillik, ularning oldidan turib tashqarig‘a chiqdi. Ul chiqg‘andan so‘ng eru xotin yana yarim soatcha janjallashib o‘lturdilar. Xuftan namozidan so‘ng yangilangan tashvishlarni bir oz unutdirar umidi ila poychirog‘ yonig‘a o‘lturib, Fuzuliy devonini varaqlar edi. Ammo Fuzuliyning rang-barang she’rlari ustida qanoatlanib to‘xtamas, hamon varaqlag‘andan-varaqlar edi. Shoirning nafis she’rlari hozir uning uchun tuzsiz so‘zlar yig‘indisidan boshqa bir narsa ham emas edilar. Ul shu vaqt to‘sindan kitobni yopdi-da, ayvong‘a quloq soldi. Chunki hozirgina so‘zlashib o‘lturgan Kumush bilan onasining tovushlari o‘chkan edi. Ul bu holdan shakllandi. Ayvondan ona-bolaning qayoqqadir yo‘qolg‘anlarini payqag‘ach, tusida o‘zgarish bo‘lg‘ani holda qaytib kelib o‘lturdi. Nima uchundir hozir unda birar foji’aga tushkuchining holati bor edi. Kishi iztirobka tushkan kezlarda tilab emas, ixtiyorsiz ba’zi bir yo‘sunsiz ishlarga urinadir. Shuningdek, ul ham jiddiy bir ravishda Fuzuliy mutolaasiga berildi. Ul o‘zining shubhasidagi gapka qoni’, oradan yarim soatlab emas, bir soatlab vaqt o‘tib borg‘an bo‘lsa ham bu unga zerikarlik emas, tez kelgandan kelmagani yaxshi; yaxshiliqmi, yomonliqmi haytovur bo‘ladirg‘an ko‘ngilsiz gapni kechikkani yaxshi... Fuzuliyni yaxshilab o‘qush kerak. Shuning uchun ham ma’nolik she’rlardan boshini ko‘tarmaydir-da, go‘yoki aytarsiz kitobka mixlangan... Kumushning uyga kelib kirgani ham unga sezilmay qoldi. Ul qushlar kabi latif tovush chiqarmasliq qilib gilam ustidan yurib keldi-da, sekingina sham’ yonig‘a — Otabek qarshisig‘a o‘lturdi. Uning ko‘ynagining chiqarg‘an yengilgina shamoli bilan yonib turg‘an sham’ «lop» etdi-da, ko‘rishkandek, o‘ynashqandek bo‘ldi. Bu holdan kitob ustiga mukkadan ketib o‘lturg‘uchi cho‘chib ko‘tarilib qaradi. Qarshisida: Fuzuliy ta’biricha sebi zanaxdoni negadir qizarib, novaki mijgoni ko‘z yoshlari bilan juftlangan haligi pari edi... Birinchi qarashdayoq kutkan ishining to‘g‘rilig‘ig‘a inondi va osiylar kabi ko‘zini yerga tikdi. Ul Kumushdan itobomiz so‘zlar, achchig‘ xitoblar kutar; birinchi itobdayoq ota-ona gunohiga tavba qilishg‘a hozirlanar edi. Ammo ish ul kutkuncha chiqmadi. Kutilmagan joyda, go‘yoki uni bu og‘ir holdan qutqarmoqchi bo‘lg‘andek: — Fuzuliy yaxshi kitob, — dedi Kumush, — men ham yolg‘iz qolg‘an kezlarimda bu kitobdan boshimni ololmas edim, sizammi? Bu oliyjanob go‘zalga nima deyishni bilmas, qayerdan so‘z boshlashqa hayron edi: — Kim yig‘latdi sizni? — Yig‘labmanmi? — Ko‘zingiz, kiprakingiz... — O‘zi shunaqa... — Yig‘latg‘an men emasmi? — Kitobni nega yopdingiz? Ochib o‘qung, men eshitay. — Ota-ona rizolig‘ini bir tomchi ko‘z yoshingizga arzitdimmi? — Men rozi, men ko‘ndim, — dedi daf’atan Kumush, bu so‘zni nimadandir qo‘rqg‘andek shoshib aytdi. — Ko‘ndingiz... nega, a? Otabek hayrat va taajjub ichida edi. — Negaki, — dedi Kumush, — men sizga ishonaman... — Shuning uchun... — Shuning uchun ko‘ndim... — Ko‘nglingiz farishtalar ko‘nglidek. — Sizning ham ko‘nglingiz... Ikki jon, ikki yurak go‘yoki bittadek bir-birisini onglar, birisidan-birisiga o‘tib yurar edi shu vaqt. — Bo‘lmasa nega yig‘ladingiz? Bu savoldan Kumush bir muncha o‘ngg‘aysizlanib, uyat aralash bir tabassum bilan: — O‘zim... — dedi va keyinidan o‘zining hamma tilak va shartlari ma’nosini jam’i bo‘lg‘an, — menim unutmaysizmi? — degan so‘rog‘ini berdi. Ul nima deb aytishka so‘z topolmay qoldi. Chunki yurak sirini ifoda qilarliq jumla topish mumkin emas edi. Javob berish o‘rniga o‘zicha so‘zlandi: «Ota-ona orzusi...» — Bilaman, — dedi ovutquchi tovush bilan Kumush. — Manim orzumni ham bilasizmi? Kumush Otabek yaqinig‘a surildi va tirsaklari bilan uning tizzasiga yonboshlab erkalandi... Qutidor tarafidan ertaga Toshkand jo‘nash e’loni berildi. Ikkisining hamma vaqtlarisham’ yonida so‘zlashib kechdi... O'tkan kunlar — 26. Qovoq devonaning belbog'i Och qoring‘a salimsoq yeb, ko‘kchoy ichishdan zerikkan kishilar choyxonaga Qovoq devonaning kirishi bilan unga so‘z qota qoldilar: — Keling-keling, devona! — Bir kosa choylaring bormi, xo‘vari? — Bor-bor, avliya, bitta bachcha bo‘lsangiz idishi bilan sizniki. Qovoq devona deganimiz o‘rta yosh, siyrak soqol, qotma, kun issig‘lig‘ig‘a qarshi o‘chakishkandek boshig‘a eski telpak, egniga paxtasidan boshqasi to‘zib ketkan guppi chopon kiyib, yangi bo‘z belboqni besh-olti aylandirib bog‘lag‘an va unga besh-oltita chilim qovoqdan tortib to suvqovoq, nosqovoq va tomosha qovoq-larg‘acha osqan; qovoqlarning og‘irlig‘idan arang harakat qiladirg‘an o‘z zamonasining mashhur bir devonasi edi. Bu devona Toshkandning barchasiga ma’lum; beklardan, boylardan; qisqasi, shaharning katta-kichigidan o‘ziga ixlosmandlar ortdirg‘an va ko‘blarning tarafidan qilg‘an karomatlari rivoyat etilgan bir majnun edi. Shahardagi har kim uning oshnasi, karomati bilan beparvo bo‘lg‘anlar ham uning qiziq harakatlariga va tutal so‘zlariga qiziqar edi. Bu choyxonadagilar ham shu keyingi sinfdan edilar. Birarta ixlosmand qo‘lidan boplab tomoq yegan bo‘lsa kerak, hozir o‘shaning chanqovini bosmoq fikrida edi. — Bachchang kim, bachchang? Onam meni bachchalik uchun tug‘mag‘an... Choyingdan ber, cho-yingdan! — Onangiz sizni nima uchun tuqqan? — Xonning qo‘yini boqish uchun, qovoqlarni belga taqish uchun; choyingdan berchi, xo‘vari! Devonaga bir piyola choyni ichishka ham tinchlik bermadilar. Ulardan bittasi ko‘zni shamg‘alat qildida, belidagi qovoqdan bittasini yulib ham qochdi. Ish yomonga aylandi. Quvlab tutolmadi. So‘ngra kelib yana bir kosa choyni ichdi va unga-bunga qovog‘i to‘g‘risida iltimos qilib qaradi. Bo‘lmag‘ach, qovog‘ini qo‘msab ho‘ngir-ho‘ngir yig‘lamoqqa oldi. Ermakchilarning kutkani ham faqat uning yoshi mishig‘ig‘a, mishig‘i tupugiga qo‘shilib yig‘lashi edi. Qovoqni yulib qochqan tomdan kelib sufaning ustidagi so‘riga qovoqni osdi va o‘zi tushib devonaning yonig‘a keldi: — Qovoq o‘g‘risini ushladingizmi, devona? — Yo‘q, uka! Qovog‘imdek shishib o‘lsin, qochqancha ketdi! Birav Eski Jo‘vada ko‘rganligini va qovoqqa minib ketayotqanini so‘zladi. Ikkinchisi «zap qovoq edi-da» degan edi, uchinchisi «attanga» deb qo‘ydi. Devonaning o‘pkasi shishib ketdi. Ermakchilar uning yuragiga galma-gal o‘t yoqar edilar. — Qovog‘ingizning o‘zi bu iqlimda yo‘q narsa edida,— dedi birav. Devona qovog‘ining tarjumai holini so‘zlab berdi: — Dadam musallas qovoq, oyim mosh qovoq, men bel qovoq... — dedi. Kulishdilar. Ermakchilardan bittasi yuqorida osilg‘an qovoqni ko‘rsatib ajablandi: — Iyi-iyi, anuv kimning qovog‘i-ya? Devona suyukli qovog‘ini so‘rida ko‘rib quvona ketdi: — Voy xo‘varingni... jinnilar, voy esi yo‘q xo‘varilar! Qovog‘imni ber jinnilar! — Tuzik-tuzik, avliya. Qovog‘ingizni tushirib bersam nima berasiz? — So‘rag‘aningni ol, jinni... Oyim qishlog‘ig‘a bek bo‘l, tentak: tilla jabduqliq ot min, jinni... — Men Oyim qishlog‘ining bekligi uhdasidan chiqolmayman. Qovoqlaringizning kasbini aytib bersangiz bo‘ladi manga. Devona bu shartka ko‘ndi, qovoq tushi-rilib, devonaning qo‘lig‘a eson-omon tegdi. Mahbuba ortiqcha bir ehtiyot va e’tibor bilan belga — boshqa yo‘ldoshlari yonig‘a tugildi. — Qani, endi bo‘lsin, devona! Qovoq devona belidagi qovoqlardan bitta egri maymog‘ini ko‘rsatib: — Manov Musulmon cho‘loq, — dedi, uning yonidag‘i kichkina tomosha qovoqni turtib: bunov, Xudoybachcha (Xudoyorbachcha), — dedi, suv qovog‘ini erkalab «Nor kalla» (Normuhammad qushbegi), — dedi. Qolg‘an ikkita silliq qovoqchalarni «nosqovoq, yupqa tomoq», deb qo‘ydi. Ermakchilar ku-lishdilar. Bu qovoq o‘g‘rilari ichidan tezroq qochib quti-lish uchun ketishka intilgan edi, biravi ushlab qoldi. — To‘xtang hali, gap bor! — devona so‘kinib to‘xta-di.— Manavi belingizdagi belboqni qayerdan o‘g‘irlab oldingiz? — Qo‘y, juvonmarg bo‘g‘ur! — O‘tkan kuni o‘g‘irlatqan belbog‘ing shu emasmi, Karimqul? — deb yonidag‘ig‘a qaradi ermakchi. — Ha, ha, xudda o‘g‘irlatqan belbog‘im, tutdik o‘g‘-rini! Qovoq devona xudda belbog‘idan ajrayturg‘andek ikki qo‘li bilan beliga yopishdi. — Saniki bu emas, tentak! — Yo‘q, xudda maniki shu, yesh, bo‘lmasa mirshab chaqiraman. — Xo‘varingni... nima deydi, bu! — To‘g‘ri ayt, buni qayerdan o‘g‘irlading?! Devona belbog‘ining tuguniga aztahidil yopishqani holda: — O‘g‘irlamadim, tentak, hoji pochchangni to‘yidan oldim, jinni! — dedi. — Hoji pochchang kim? Yolg‘on so‘zlama, o‘g‘ri! — Hoji pochchangni tanimaysanmi, tentak? — Toshkandda hoji pochchadan ko‘pi bormi, o‘g‘ri? — Esing ketibdi, jinni... Yusufbe hojing-chi. Axir; to‘y bo‘ldi, bazm bo‘ldi, o‘g‘ul uylandi... qo‘y, juvonmarg, bo‘g‘ur! Devona ermakchilar qo‘lidan arang qutilib chiqdi. Ammo ularning ichidagi ko‘zini bog‘lag‘an bir kishi nima uchundir devonaning orqasidan ergashdi. Choyxonadan anchagina uzoqlashqan edilar. — Devona! — deb chaqirdi haligi ergashuvchi. Devona o‘ziga qarab kelguchi bu ko‘z og‘rig‘ini tanidi. Suyukli qovoqlar ustiga kelgan balo bo‘lmasin uchun, ketar ekan, qovoqlarini ehtiyotlab ushladi: — Nima deysan, ko‘z og‘rig‘i? — Qo‘rqmangiz, devona! — dedi ko‘z og‘rig‘i va adimlarini tezlatdi. — Nima ishing bor? — To‘xtang. Devona arang to‘xtadi. Ko‘z og‘rig‘i uni cho‘chitmas uchun naridan turib yonchig‘ini kavliy berdi. — Sizga nazrim bor. Bu so‘zni eshitib, devona yo‘lg‘a tushdi. Ko‘z og‘rig‘i uning ketidan yugirdi va: — Mang! — deb pul ko‘rsatdi. Devona iltifotsiz ketabergan edi: — To‘xta deyman! — deb do‘q urdi. Devona narida to‘xtadi: — Kelma, kelma, ko‘z og‘rig‘i! Ko‘z og‘rig‘i o‘n adimcha narida turdi: — Hali, kim o‘g‘lini uylantirdi, deding?.. — Kim uylantirdi, deding? — Aytding-ku choyxonada!.. — Aytding-ku choyxonada... — Belboqni qayerdan olding? — Buving berdi. — To‘g‘ri ayt! — To‘yga keldingmi? — To‘yga keldim... — Yusufbenikigami? — Yusufbenikiga. — Belbog‘ing yo‘qmi? — Yo‘q. — To‘y o‘tkanda kelibsan. — Yusufbe qaysi o‘g‘lini uylantirdi? — Nechta o‘g‘li bor? — Nechta o‘g‘li bor! — Bitta... Qorategindan keldingmi, opang omanmi? — Omon... qachon uylantirdi? — O‘zing uylanganmisan?.. Qorategindan necha kunda kelding? — Besh kunda. Qachon uylantirdi? — Eshakka minibmi, yayov? — Eshakka minib. — Nashang bormi? — Bor. — Qitta ber-chi. — Beraman, oldin ayt; qachon uylantirdi? — To‘y o‘tkanda kelibsan, tentak... Manga-chi, bir tog‘ora osh tegdi. — Bozordan osh olib bersam yeysanmi? — Yuzingga qachon chechak chiqdi? Ko‘z og‘rig‘i bu tutal so‘zlardan asabiylashib ketdi: — Qachon uylantirdi deyman? — To‘y o‘tkanda kelibsan dedim-ku... Bir hafta bo‘ldi, o‘n kun bo‘ldi, bir oy bo‘ldi. Ha, ha, charlari endi bo‘lar emish... charlarga bor. Qorategin. — Toshkanddan uylantirdimi? — Xi, xi, xi, ahmoq. Toshkanddan bo‘lmay, Qorategindan uylantirsinmi? Shundan keyin ko‘z og‘rig‘i choyxonaga qaytdi... O'tkan kunlar — 27. Jodugar hindi Qayin otasining og‘rig‘an kasalidan tuzala olmay va yo tezroq o‘lib tiriklarni qutultirmay «charlar» balosi bilan o‘zini ipsiz bog‘lang‘ani uchun so‘ng chekda si-qilg‘an, shunga ko‘ra onasig‘a achitib so‘zlamakda edi: — O‘ylab-boqing onajon! Bir bechora sizning orzuingizni deb, qizi ustiga kundash yukladi va birgalashib to‘yingizni o‘tquzishdi. Ish kuchidan qolib, o‘n kunlab Toshkandda yurdi. Nima bo‘lg‘anda ham biravning yaxshilig‘ini bilish kerak edi. O‘zbek oyim o‘zining bir haftalik so‘zini takrorlar edi: — Endi nima qil deysan bolam, o‘tquzmay ketishing uyat. — Uyat deysiz-da, uyatka o‘zingiz tushunmaysiz. O‘zbek oyim o‘g‘lining ters so‘zidan qizishdi. — Juda hovliqa berma, o‘g‘lim. Charlar ham o‘tar, andining yuzini ham ko‘rarsan!.. — Onajon, — dedi Otabek, — sizning zaharlik so‘zlaringizga nima deyishka ham hayronman... Billoki, maning hovliqishim siz aytkancha bo‘lsa... xoti-nimnig‘ina emas, uning ota-onalarini andishasida shoshaman. Ularning ko‘ngillariga gap kelmasin degan mulohazada hovliqaman. Men sizning orzungizga butunlay qarshi tushib, Toshkandingizni tilga olmasliqqacha borg‘animda o‘sha bechoralar sizning rioyangiz bilan meni bu yerga sudrag‘andek qilib olib keldilar... Uyatni bilsangiz, eng ozi shuning andishasi kerak emasmi? — Bo‘lmasa charlarni kutmagin-da, yugira qol, — dedi O‘zbek oyim, — marg‘ilonliqning o‘kchangdan urg‘anlig‘i aniq ekan. Otabek kamoli bo‘g‘ilg‘anidan sukut qilishg‘a majbur bo‘ldi, chunki bu orzu havas onasi yarani har zamon kattaroq ocha borishg‘a juda ham usta va bu ustaliq uning barcha kutkanlarining kundan-kunga bo‘shka chiqa borg‘anlig‘idan edi. Ayniqsa unga hozir butun ma’nosi bilan sir onglashilib, marg‘ilonliqning jodusini juda ham kuchlik ekaniga imon keltirdi. O‘g‘lining orzu-havasini ko‘rdi — ko‘rish bo‘lsa — orzulag‘andan ortiq. Biroq bu orzu-havas orqasidan kutilgan marg‘ilonliq balosidan o‘g‘lini qutqarish masalasi uning tilagicha bo‘lib chiqmadi-da, yana marg‘ilonliqning sihri o‘tkirlik qildi... Nikoh kuni Otabekning kiyimlarini juhud domladan o‘qutishlar, marg‘ilonliqdan sovitib toshkandlikka isitishlar — barchasi ham hozir o‘z ajzlarini unga iqror qilar edilar. Keyingi «beshbosh» domlaning bergan tutatqi, ezib ichki, duo va tumorlari ham negadir ta’sir asarini sezdirmadilar... O‘zbek oyim marg‘ilonliqning domlasini kuchlik ekanida shubha qilmasa ham, ammo bir ishka juda hayron edi: juhudning qilg‘an jodusini — juhud, musulmon domlanikini — musulmon daf’ qila olur edi; nega bular asar qilmaydi sira? — Hozir O‘zbek oyim buning sirrini o‘ylab topolmas edi. Bu boshi berk ko‘chada ul uzoq qamalib qolmadi — buning sirrini daf’atan topdi, ham juda to‘g‘ri topdi: «Marg‘ilonliqning domlasi juhud ham emas, musulmon ham emas — hindi! Hindilarning ham hannosi: bas, hannosining sihrini na musulmon domlasi qaytarsinu, na juhud. O‘shal hindining o‘zi qaytarmasa, o‘zga iloj yo‘q!» Nima qilmoq kerak? Toshkandda birarta hindi dom-lasi yo‘qki, ilojini qilib bersa... Endi xotin boshi bilan marg‘ilong‘a murojaat qilsunmi? Boshqa tushkanni ko‘z ko‘rar, degan so‘z bor. O‘zbek oyim ham boshig‘a tushkan bu kulfatni ko‘rishka majbur edi: «Shu galdan qoldirmay Otabekning yonig‘a Hasanalini qo‘shib Marg‘ilong‘a yuboraman, Hasanali u yerdagi hindi domlag‘a uchrashib, Otabek ustidagi sihr-jodularni yeshdirsin... Hindi har qancha olsa ham mayli, bisotdan u-buni sotib pul qilib beraman». Otabek onasining qarshisida boyag‘i sukutka ketkanicha jim o‘lturar edi. O‘zbek oyim haligi kashfi-yotdan qutilib bu to‘g‘rida so‘ngg‘i qarorini ham berib bo‘lg‘ach, Otabekka dedi: — O‘g‘lim... yangi uylangan oting bor. Manim oldimda o‘lturib nima qilasan? Bechora yolg‘iz o‘lturibdir. Otabek onasig‘a bir qarab oldi-da, javob bermadi. — Bor, bolam, bor. Yaxshi emas bu ishing... — O‘zbek oyim so‘zini bo‘lib daricha yonig‘a kelib to‘xtag‘an Oybodoqqa qaradi. — Sutchoy tayyor bo‘ldi, suzib kiraymi? — Ikki kosani kelinlik uyga ber, men bilan Hasan-alinikini shu yerga keltir. Oybodoq keta boshlag‘an edi, Otabek uni to‘xtatdi: — Manikini ham shu yerga olib kir, — dedi. Oybodoq O‘zbek oyimg‘a qaradi. O‘zbek oyim o‘g‘lig‘a xo‘mraydi. Otabek xo‘mrayishg‘a iltifot qilmay, Oybodoqqa «shundoq qil» ishorasini berdi. — Bo‘lmasa kelinnikini ham shu yerga berib, o‘zini chaqir. Hasanali uyida ichsin, — dedi O‘zbek oyim. Oybodoq ketkach, o‘g‘lidan so‘radi: — bu nima qiliq, bolam? — Qiliq emas. — Kelin bilan birga ichsang nima bo‘lar edi? Biravning bolasini munchalik xorlash yaxshi emas. — Bundan xorlag‘anliq chiqmaydir. O‘zini shu yerga chaqirdingiz — ish bitdi. O‘zbek oyim tag‘in nimadir aytmakchi edi, Oybodoq dasturxon ko‘tarib kirib qoldi. — Kelinga aytdingmi? — Aytdim. Dasturxon yozilib, tushlik choy keldi. O‘zbek oyim kosasiga non tashlab ko‘zi eshikda, ya’ni kelinni kutar edi. Kelin eshikdan ko‘ringach, o‘g‘lig‘a «qarshi ol» degandek qilib qarab qo‘ydi. O‘n yetti yoshlar chamaliq, kulchalik yuzlik, oppoqqina, o‘rtacha husnlik Zaynab qayin onasining tilak va sha’niga loyiq tavozi’ — odoblar bilan bitta-bitta bosib dasturxon yonig‘a keldi. Qayin ona tomonidan «o‘lturing» ruxsati berilganidan so‘ng, qisilib-qimtinib tovush chiqarmayg‘ina o‘lturdi. O‘zbek oyimning ko‘zi o‘g‘lida. O‘g‘li bo‘lsa choyga non ho‘llab yemoqda edi. Bir-ikki qayta xo‘mrayib-xo‘mrayib o‘g‘lig‘a qaradi-da, uning ko‘zini uchrashdira olmag‘andan keyin, unga so‘z qotishg‘a majbur bo‘ldi: — Charlaring ham bo‘la qolmadiki, qayin otangni borib ko‘rsang. Yoki charlarsiz ham ko‘ra qolasanmi? Zaynab ko‘zini eriga tikib qoldi. Otabek salqing‘ina onasig‘a javob berdi: — Ko‘rsam bo‘ladir... — dedi va kulimsiragansumon Zaynabka qaradi. Zaynab ham kulgan bo‘ldi. Shu kich-kinagina kulimsirash O‘zbek oyimni ancha tinchitdi. Ammo musohaba shuning bilan to‘xtalib, orag‘a yana boyag‘i jimjitlik kirdi. O‘g‘lining miridan sirini ajratib o‘lturg‘uchi ona yana olazarak og‘rig‘ig‘a yo‘liqdi. Zaynabning ko‘zi tez-tez Otabekka tushar, u bo‘lsa xo‘r-xo‘r choyni ichar edi. Bu holdan O‘zbek oyim ich-etini yeb, yutkan luqmasining mazasini ham bilmas, qisqasi o‘lturish so‘zsiz, go‘yo tuzsiz va ma’nosiz edi. Bu ma’nosizlik tadbirini ko‘rish yana O‘zbek oyim ustida: — Kelin poshshog‘a tilla uzuk buyurdingmi? — Buyurdim. Erta-indin bitib qolar. — Otabek so‘zni cho‘zmoqqa yo‘l qo‘ymadi. Ammo onasi gapdan gap chiqarib, so‘zga so‘z ulamoqchi edi: — Tilla chochpopugingiz bor edimi? Zaynab eriga qaradi va iymanibgina javob berdi: — Yo‘q. — Yo‘q bo‘lsa olib beraman, — dedi Otabek. O‘zbek oyim anchagina jonlanib oldi. Tag‘in undan-mundan so‘z urintirmoqchi bo‘lg‘an edi, uncha muvaffaqiyatlik chiqmay boshladi. Sutchoydan so‘ng qumg‘onda choy keldi. Zaynab birinchi piyolaga quyib o‘rnidan turdi va qayin onasig‘a ikki qo‘llab uzatdi, ikkinchi piyolani to‘l-dirib o‘rnidan turmoqchi bo‘lg‘an edi, uni Otabek to‘xtatdi. — Mundan keyin choy berishda o‘rningizdan turib o‘lturmang, — dedi. — O‘lturgan yeringizdan bersangiz ham bo‘ladir. Lekin bu gap qayin onag‘a yoqmadi, e’tiroz qildi: — Nega undog‘ deysan, bola. O‘rindan turib choy berish odamzodning ziynatidir, kelinlarning bor-yo‘g‘i kelinligi ham shunda-ku! — Sizning uchun ham o‘lturib choy bersin, demayman; ammo bu takallufning menga keragi yo‘q, — dedi va qo‘lidag‘i choyni tez-tez ichib bo‘shatdi. Fotiha o‘qub o‘rnidan turar ekan: — Albatta, sizga o‘rnidan turib choy berishi lozim... — dedi va chiqdi. Bu gapni Zaynab chinga hisoblag‘ani uchun boshqa narsa payqamag‘an, ammo O‘zbek oyim bo‘zarib qolib darav esiga hindining jodusi kelib tushkan edi. Shu o‘lturishdan bir soatcha keyin O‘zbek oyim uyni xolilatib Hasanalini o‘z oldig‘a chaqirtirib kirdi. Hasanali bu chaqirtiriqdan bir narsa ham sezmagan, chunki, xo‘jabekasining ichki sirriga uncha oshno emas; charlar maslahatidir, deb o‘ylamoqda edi. O‘zbek oyim uyning eshigini beklab keldi-da, Hasanalining yaqin-rog‘ig‘a o‘lturdi va yarim tovush bilan muddaoni ocha boshladi. — Endi ish Toshkand domlalari bilan bitaturg‘anga o‘xshamaydi... O‘ylab qarasam, Marg‘ilonliqning domlasi hindi ekan. Shuning uchun noiloj sani oldimg‘a chaqirtirdim. San ham odamsumon gapimga tushunib, bu to‘g‘rida aqling yetkancha zehningni yugirtirgin... O‘zingga ma’lumki, kundan-kunga marg‘ilonliqni unutish o‘rniga har soat unga esi boradir. Bu hollarning barchasi o‘sha hindining jodusidan bo‘lib, muakkillar Otabekning bo‘ynidan sirtmoq solib Marg‘ilong‘a tortadirlar... Hasanali xo‘jabekasining ko‘bdan beri domlaxo‘ja bilan sargardon bo‘lib yurishini bilsa-da, ammo uning «hindi, sirtmoq solib tortish» kabi so‘zlariga tushunmadi. Bekasining fe’li xo‘yini yaxshi bilgani uchun, ya’ni uning qarg‘ashidan qo‘rqib tushunmaganligini bildirmadi-da, «qani gapning tegi qaerg‘a borar ekan», deb jim, quloq solg‘an bo‘lib o‘ltura bedi. Ammo O‘zbek oyim so‘zini haligi yerda to‘xtatib: «San shunga nima kengash berasan?» degan savolni berdi. — Men nima der edim... Siz nimani ma’qul ko‘rsangiz shuda, — dedi. Hasanalining tushunmaslik orqasida bergan bu javobi O‘zbek oyimg‘a nihoyatda yotishib keldi: — Barakalla, Hasan. Ana shuning ilojini o‘zing qilasan. — Yaxshi... — Erta-indin charlar bo‘lib o‘tsa, albatta Otabek Marg‘ilong‘a yugiradir. Shu vaqtda san ham bir narsani bahona qilib birga Marg‘ilon borasan-da, qaerdan bo‘lsa ham o‘sha hindini topasan va nazrini berib yaxshilab qaytartiriq qildirasan... — Kimni? — Kimni bo‘lar edi, Otabekni-da. — Nega? — Tushunmadingmi? — Tushunish bo‘lsa — tushundim... Shunchaki aniqlab olmoqchiman-da. — Marg‘ilonliq-ku Otabekni hindi domladan o‘ziga bog‘latib qo‘yibdir. Ana shuni san ham payqab yurgandirsan-ku? — Payqamag‘an bo‘lsam ham ammo maqsadingizga endi tushundim, — dedi kulib Hasanali. — Niyatingiz Otabekni marg‘ilonliq kelindan sovitish. — Barakalla, — dedi O‘zbek oyim, — sovitishgina emas, uning changalidan Otabekni uzil-kesil qutqarish. Hasanali hayron bo‘ldi. Chunki xo‘jabekasining marg‘ilonliqqa munchalik adovati bor deb o‘ylamas edi. — Nega endi? — O‘g‘limni marg‘ilonliqlarning qo‘lig‘a berib qo‘y-mayman-da, axir. Burun Toshkandda xotini bo‘lmag‘an bo‘lsa — endi bor, mundan keyin andi kelinga bizning muhtojligimiz yo‘q... — Xayr, endi nima qilmoqchisiz? — Nima qilishim kundan ham ravshan, — dedi O‘zbek oyim va tamom qanoat va ishonch bilan boyag‘i maqsadni takrorladi: — o‘zingga aytkanimdek, Mar-g‘ilondag‘i hindi domlaning o‘zidan bir martaba qaytariq qildirsaq marg‘ilonliqning sir-jodulari botil bo‘lib, Otabek o‘z-o‘zidan andini taloq qilib yuboradir... — Siz marg‘ilonliq hindi domlaning o‘g‘lingizga qilgan jodusini qaerdan bildingiz? O‘zbek oyim bu savol bilan o‘zining kashfidan bir oz shubhalandi-da, ishonchsizroq qilib: — O‘zim bildim, — dedi. — O‘zingiz qayoqdan bilasiz, axir birav aytkandir sizga? — O‘z aqlim bilan topdim. Hasanali o‘zini tutolmay kulib yubordi: — Lekin shunga qolg‘anda aqlingiz bir oz yanglishibdir... — Nega? — Negaki ikki o‘rtada sihirchi hindi ham yo‘q, sihir qildirg‘uchi marg‘ilonliq ham, Otabek ham sihirlangan emas. — Nega bo‘lmasa Otabek hadeb uylansa ham Mar-g‘ilonga oshiqaberadir? — Buning sababini hali ham bilmaysizmi? — Bilaman, sihir-jodu quvvati. — Joduni kim qildiradir? — Qayin otasi, qayin onasi, qolabersa xotini. — Yanglishasiz, oyi. — Nega yanglishaman? — Sihir-jodu qilishdan ularning maqsadi nima, deb bilasiz? — Kalvak o‘g‘limning aqlini o‘g‘irlab, pulini yemakchilar. — Pulini yemakchilar? — deb kuldi Hasanali. — Marg‘ilonlik qudalaringizning davlati oldida biznikini yo‘q, desa bo‘ladir. Undan keyin men yaxshi bilamanki, ular Otabekka uch pullik ham ro‘zg‘or qildirmaydirlar. Buni o‘zim yaxshi bilganimdek o‘g‘lingizning o‘zidan ham «ularning ro‘zg‘or qildirmag‘anlaridan juda siqilaman» degan so‘zini necha qayta eshitdim. Shuni ham yaxshi bilmoq kerakkim, o‘sha jodugor qudalaringiz yomon kishilar bo‘lg‘anlarida Otabekni Toshkanddan uylantirish siz o‘ylag‘ancha qulay ish bo‘lmas edi. O‘g‘lingizning Marg‘ilon borg‘andan so‘ng va’dasidan aynaganini albatta hojidan eshitkan bo‘lsangiz kerak... O‘zbek oyim yengilayozgan bo‘lsa ham, ayniqsa Hasanalidan til qisib qolg‘usi kelmas edi. Go‘yoki shuncha o‘tkan gaplarga qiymat bermagandek: — Men buning sirrini endi xo‘b bilib oldim, — deb qo‘ydi. Hasanali kuldi. — Bilsangiz ham yanglish onglabsiz, chunki buning sirri siz o‘ylag‘ancha emas. — Qandog‘? — O‘g‘lingizning har zamon Marg‘ilong‘a oshiqmog‘i... ayniqsa bu gal qayin ota, qayin onalaridan andisha qilibdir. Undan keyin... — Undan keyin? — Undan keyin katta keliningiz o‘g‘lingizning ko‘z ochib ko‘rgani. — Ko‘z ochib ko‘rgani? — dedi O‘zbek oyim va isteh-zolanib kuldi. — Zaynab o‘sha marg‘ilonliqcha bo‘lmapti, degin? — Men qayog‘dan bilay... Ehtimol o‘g‘lingizcha shundaydir... — O‘zing ularning ikkisini ham ko‘rgansan, indallo so‘zla: ulardan qaysi birisining husni ortiq? Hasanali bu savol qarshisida nima deb aytishka bilmay qoldi... — Muhabbat degan narsa husnga qaramaydir. — Qaraydirmi, yo‘qmi, sandan uni so‘rayotqanim yo‘q. Qaysi birisi ko‘hlikrak deb so‘rayman? Hasanali qiynaldi va gapni boshqag‘a chalg‘itish uchun: — Endi maslahat nima bo‘ldi? — deb so‘radi. — Oldin so‘zimga javob ber-chi, yer yutkur! — Savolingiz qiziq, nima deb javob berishga hayronman... To‘g‘risini aytaymi? — To‘g‘risini! — To‘g‘risini indallo so‘zlasam, — dedi va qiynalib to‘xtadi, — har bir gulning isi o‘z yo‘lig‘a. — To‘g‘risini deyman! — Anuv keliningizning o‘lsa o‘ligi ortiq... — Gapirma-gapirma, — dedi O‘zbek oyim, — boshda shu marg‘ilonliq balosiga o‘zing sababchi bo‘lg‘anmisan, hali ham o‘shaning tomonini olib so‘zlaysan! Sandek soqoli uzun, aqli qisqadan kengash so‘rab o‘lturg‘an men ham ahmoq! Hasanalining chalg‘itishi va hayron bo‘lishi O‘zbek oyimning tabi’atini yaxshi bilgani uchun edi. Ul o‘z xohishiga teskari kelgan haqiqatni ko‘rmaydirgan qiziq bir tabi’atka molik edi. — O‘zingiz to‘g‘risini so‘zlatib, tag‘in nega mendan xafa bo‘lasiz, oyi, — deb muqobala qila boshlag‘an edi, O‘zbek oyim yana gurullab ketdi: — Bo‘ldi-bo‘ldi... tuzingni ichib, tuzlig‘ingga tupurganni xudoy ko‘tarsin, — dedi. Hasanali xo‘jabekasining qarg‘ish va koyishi ostida kula-kula uydan chiqdi. Bu musohaba ko‘rinishda O‘zbek oyimg‘a uncha o‘zgarish bermagandek sezilsa ham, lekin ruhan uni ancha bo‘shashdirg‘an edi. Shu gapdan bir hafta chamasi keyin va charlar kutishning o‘n beshinchi kunlari edi. Otabek meh-monxonada toqchadag‘i kitoblar orasidan qandaydir bir kitobni axtarar ekan, Hasanali uning yonig‘a kirdi. — Panjshanba kun charlar emish, xabarini berib ketdi. Otabek kitoblardan birini sug‘urib oldi va varaqlar ekan, «charlari ham qursin», deb qo‘ydi. Ko‘nglidan kechirdi: — «Bu kun dushanba bo‘lsa, tag‘in orada to‘rt kun bor». — Mana bu xat ham sizga emish, — dedi-da, Hasanali unga bir maktub uzatdi, — boya birav berib ketkan edi, — dedi va shoshib-pishib qazo bo‘layozg‘an asr namozini o‘qush uchun joynamoz yozdi. Otabek maktubning unvoniga ko‘z tashladi: «Toshkandda... mahallasida turg‘uchi Otabek Yusufbek hoji o‘g‘lig‘a tegsin». Kim tomondan yozilg‘anligi unga ma’lum bo‘lib, qo‘lidag‘i kitobni toqchag‘a qo‘ydi va shoshapisha xatni ochdi. Katta qog‘ozda tussizroq siyoh bilan yozilg‘an uzun bir xat. Uning ko‘zi yozuv ustida suzdi. Suzgan sayin negadir uning tusida ulug‘ bir o‘zgarish, vujudida bir titroq voqi’ edi. Bu xat unga so‘yinch berar edimi, dahshatmi o‘zidan boshqag‘a majhul edi. Shu majhul o‘zgarishlarning so‘ng chekiga borib yetkandan keyin xatdan ko‘zini oldi va ixtiyorlikmi, ixtiyorsizmi, haytovur bor tovshicha «qo‘rqutmoqchi!» deb yubordi. Bu so‘z bilan Hasanali ham nari-beri namozini bitirdida, joynamozdan burilib qaradi: — Nima gap? — Hech gap yo‘q, — dedi Otabek va esankirash vaziyatida unga qaradi: — Qo‘rtqutmoqchi, dedingiz-ku, xat kimdan? — Xatmi? — dedi va shuning ila bir oz esini o‘ziga yig‘ib olg‘andek bo‘ldi, — xat keliningizdan... Qo‘r-qutmoqchi bo‘lib ba’zi bir kinoyalarni yozibdir... Bu gapni aytkandan so‘ng xatni buklay berdi. Ha-sanali fotiha o‘qub Otabek yonig‘a keldi. — Kinoyalar yozishi kechikkaningiz uchundir, — dedi. Otabek tasdiq ishorasini bergandek bosh silkib qo‘ydi. — Ayniqsa shu gal kechikishingiz bechora kelinga og‘ir tushib kinoyalar yozishg‘a majbur bo‘lg‘an, — dedi Hasanali: — Anig‘i ham bechoraga juda og‘ir, «kundash— xotin zotining o‘lumi» deganlar. Endi, nima bo‘lg‘anda ham orangizda oz qoldi, charlarni o‘tkaza jo‘naysiz-da. Otabek javob bermadi, chunki Hasanalining keyingi so‘zidan rizo bo‘lmag‘an edi. Hasanali uni tinchitish uchun: — Agar ko‘nglingiz tinchimasa, — dedi kulib, — siz ham kinoyalik bir xat yozib beringiz. Xat keltirguchi ertaga xabar olib o‘tishini bildirgan edi. Otabek bu so‘zdan bir oz jonlang‘andek bo‘ldi. Chunki uning ko‘ngliga bu kinoyalik maktubni jo‘rttaga yozilg‘an bo‘lg‘anlig‘i kelib tushgan edi. — Bu gap to‘g‘rimi? — deb so‘radi. — To‘g‘ri. Ertaga erta bilan kelib, xat bo‘lsa olib ketmakchi edi. — Yaxshi, — deb kulimsiradi Otabek, — ertalab kelsa xat beraman. Hasanali mehmonxonadan chiqg‘ach, o‘zini to‘xta-tib olg‘ani holda ikkinchi qayta xatni ko‘zdan kechirdi: «Vafosizga. Men o‘zimning bu maktubimni ko‘z yoshlarim bilan yozaman. Negaki hozirda manim yolg‘iz ko‘z yoshlarimgina emas, butun borlig‘im siyohdir. Men endi og‘izlardag‘i «vafo» so‘ziga ishonmayman. Chunki men o‘zimning vafosiga ishong‘anim bir yigitdan ulug‘ vafosizlik ko‘rdim. Uyatimdan ko‘zlarimni ocholmayman. Negaki yeru ko‘klar, tog‘u toshlar va dunyodagi barcha narsalar manim aldang‘anim uchun kulib masxara qilg‘andek qaraydirlar... Bu kunimdan, bu hasratimdan qutilish uchun o‘zimga ajal chaqiraman. Lekin ajal ham men sho‘rlikdan nafratlangandek, go‘yo ul ham menga vafosizlik qiladir. Begim, garchi achchig‘lansangiz ham aytishka majburman: sizda vijdon, insof, rahm, va’da, vafo, yaxshiliqni bilish, boring-chi, odamgarchilikdan hech gap yo‘q emish. Bil’aks siz: hiylakor bir tulki, og‘zi qon bir bo‘ri, rahmsiz bir jallod, uyatsiz bir yigit! Sizni hiylakor dedim: esingizda bormi, sodda otamni, go‘l onamni qandog‘lar qilib aldadingiz? Yodingizda bormi, sham’ yonida meni aldab aytkan so‘zlaringiz, bergan va’dalaringiz, «manim orzum» deb qilg‘an xitob-laringiz, to‘kkan ko‘z yoshlaringiz?.. Bas, bu hiylalar, bu makrlar sizdan boshqa kimda topilsin? Sizni og‘zi qon bir bo‘ri dedim: chunki sizda rahm yo‘q. Siz o‘zingizning zaharlik tishlaringiz bilan mazlumlar ko‘ksini, bayovlar bag‘rini chok etasiz; yangi ochilg‘an gullarni, endi bosh tortqan lolalarni vaqtsiz so‘ldirasiz, ochilib bitmay o‘ldirasiz! Sizni uyatsiz dedim: ilgarigi vahshatingiz bilan o‘zingizning haqqingiz bitkanligini bilaturib ham yana uyalmay-qizarmay vijdonsizlar amrini berasiz va uyatsizlig‘ingizni yana bir qat ortdirasiz! Men sizning ba’zi bir da’volaringizga hayron qolaman: otam Toshkandda ekan chog‘da bu gapni aytishka uyalg‘an emishsiz... Go‘yo buning ila nomuslik bo‘lib ko‘rinmakchisiz shekillik?! Onam ba’zi vaqtlarda: Yangi yor topqanda do‘stlar, eskidan kechmoq kerak, Eskini o‘lgan sanab, latta kafan bichmoq kerak baytini o‘qub qo‘yar, men bo‘lsam ul vaqtlarda buning ma’nosiga tushunmas edim. Ammo... endi bu baytni kimga aytilganiga va uning ma’nolariga xo‘b tushunmakdaman. Tashlandiqliqning so‘ng o‘tinchi qilib sizdan shuni so‘rayman: uchunchi yor topqanda ikkinchi bechoraga ham shunday uyatsizlik qilinmasa edi. Bu tilagim uchun ajablanmangiz, chunki, «pichoqni o‘zingga ur, og‘rimasa o‘zgaga sol», deydirlar. Sizga yangi yor, menga uyatsizlikning qurboni bo‘lish muborak. Kumush emas, Tuproqbibi yozdim. 17-javzo, 1265-inchi yil Marg‘ilon». O'tkan kunlar — 28. Xiyonat Qutidorning Toshkanddan yolg‘iz qaytib kelishi Kumushni ancha entikdirgan edi. Ammo Otabekka voqi’ bo‘lg‘an uzr masalasi bir qadar uni tinchitdi. Ishonar-ishonmas shubha va vasvasalardan bir oz aridi: «Ul meni unutmagan, va’dalari chin, so‘zlari to‘g‘ri... Ul ham meni suyar ekan...» deb burung‘i odati bilan gohi eri-ning yo‘lig‘a chiqib kutmakka ham boshladi. Otasining kelishining sakkizinchi kuni edi. Ul bu kechasi ko‘rgan ba’zi bir tushlarini uning bu kun ke-lishiga yo‘ydi-da, ertalabdan turib sochlarini yeshdi. Sochlari orasidag‘i chigillarini diqqat bilan tarab, jom yonig‘a o‘lturdi. Uning nafis qora sochlari orqa-o‘ngiga to‘zg‘ib ajib bir manzara berdilar. Sochini qatiqlab va sovunlab yuvgach, onasidan ikkita qilib o‘rdirdi. Oftob oyimning: «Nega qirq kokil qilmaysan?» deb so‘rashig‘a: «Qizingiz endi qizlik davridan o‘tib, kelinlik davriga kirdi. Qizingizning mundan so‘ng kuyavingizdan boshqa sovchilari ham yo‘q», deb kuldi. Ammo bu ikki o‘rim soch qirq kokiliga qarag‘anda juda ham o‘ziga kelishib tushib, unga yana bir qayta ulug‘vorliq va oliyliq bag‘ishladilar. Sochini o‘rdirg‘andan keyin uyiga kirdi-da, ki-yimlar taxlangan toqcha yonig‘a to‘xtadi. Ravoqliq toqchada uning o‘n besh chamaliq asl ko‘ynaklari uyulgan edi. Sariq rupoh atlasini kiyishka chog‘lab ko‘rgan bo‘lsada, biroq ko‘ynakni olg‘an yerida bu fikridan qaytdi. Qizilni... ko‘kni... olma gullini... qisqasi qaysi birisini kiyishka taraddudlandi. Ko‘ynaklar ichida o‘ziga yarashmaydirg‘ani yo‘q: oq olma uchun bargi ham, guli ham bir... Uning o‘ziga sariq atlas xush kelsada, biroq hozir o‘z xohishini bir yoqqa qo‘yaturib Otabek ko‘nglicha kiyinishka qaror berdi. Chunki Otabek ko‘pincha qora ko‘ynak kiyishka qistar edi. Sovsar guli qora atlas ko‘ynagini kiyib, boshig‘a zangor shohi ro‘ymolini soldi va marvarid ko‘zlik kichkina oltun halqani qutidan olib qulog‘ig‘a taqdi. Shu soddagina yasanishdan so‘ng, ikkinchi toqchada tirog‘liq turg‘an ko‘zgi yonig‘a bordi. Ko‘zgi ichidan to‘zg‘ib, chuvalib ko‘ringan soch tolala-rini to‘g‘rilab o‘zini kuzatdi. Ko‘zgi ichidan ko‘ringan malak o‘z egasini ham kayflandirib sekingina iljayib qo‘ygan edi, narigi yoqdag‘i fitnai davron ham sadafdek oq tishlarini yoqut kabi irinlari orasidan ko‘rsatkandek bo‘ldi. Bu husnga otaliq vazifasini o‘tag‘andek ko‘ringan latif burni yonidag‘i qora xolini tabiiylig‘ig‘a ishonmag‘andek qashib ko‘rdi va ko‘zgi yonidan jo‘nadi. Jo‘nar ekan, «...chiroylik bo‘lsa ham menikidek xoli yo‘qdir», deb ko‘nglidan kechirdi. Kechki olov vaqtida tashqari hovlisida u-buga ovora bo‘lib yurar edi. Bu kungi ko‘rgan tushi uni ortiq ishontirgan, shuning uchun To‘ybekaning tashqari havli-da qiladirg‘an yumishini ham o‘zi bajarmoqda, To‘ybekadan suv sepdirib o‘zi yer supurar ekan, quloqlari yo‘lak tomondan eshitiladirgan oyoq tovushlarida edi. Havlidagi ikir-chikir ishlarni tamomlag‘ach, ayvonning oldig‘a o‘lturib tuzatindi, tuzatinar ekan yo‘lakdan yurib kelmakda bo‘lg‘an bir oyoq tovshini eshitib yuragi nima uchundir oshiqinib-shopirinib ketdi. Oyoq tovshi ichkariga yaqinlag‘an sayin ul o‘zida titroq aralash bir hol sezar edi. Nihoyat, yo‘lakdagi oyoq tovshi tugalib, Kumush kutmagan joyda paranjilik bir xotin kelib chiqdi. Kumush uzoq bir entikib qo‘ydi. Xotin Kumushka qarab kelar edi. Ul yerdan bichib olg‘andek pak-pakana, burni yuzi bilan barobar deyarlik tep-tekis, ko‘zi qoqqan qoziq o‘rnidek chup-chuqur, og‘zi qulog‘i bilan qoshiq solishar darajada juda katta, yuzi qirq yillik og‘riqlarnikidek sap-sariq, qirq besh yoshlar chamasida bir xotin edi. Kumushbibi o‘ziga tomon kelguchi bu dahshatlik xotinni umrida birinchi martaba ko‘rar edi. «Nima qilib yuribti bu och arvoh!» deb o‘yladi. Xotin o‘n adimlab uzoqdan yuziga sovuq va tushda qo‘rqarliq bir kulgi tusi berdi. Dimog‘i bilan «qix» etib qo‘ydi. — Xi-xi-xi, aylanay sizdan, poshsha qiz! Mirzakarimboyning havlilari shumi? — deb so‘radi. Kumush «shu» javobini bergandan so‘ng o‘zi bilan ko‘rishmakchi bo‘lg‘an bu xotin oldig‘a ikki adim yurib tilar-tilamas yelkasini tutdi. Uning to‘g‘ri mavzun qomatiga yerdan bichib oling‘an mudhish xotinning qo‘llari zo‘rg‘a yetdi-da, «esonmisiz, poshsha qiz» deb so‘rashdi. Xotin paranjasi bilan ayvonning oldig‘a o‘lturib olg‘ach, «uff» deb chayqaldi va «ancha yo‘l ekan, tinkalarim qurib ketdi-ya?» deb shikoyatlandi. — Mirzakarimboyning havlilari aniq shumi? — Shu. — Siz kimlari bo‘lasiz boyning? — Men, qizlari. — Qix... sizga bersam ham bo‘lar ekan, — dedi xotin va yonchig‘idan bir xat chiqardi. — O‘g‘lim Toshkand bilan Marg‘ilon orasida qatnab oliq-sotiq qiladir. Bu gal Toshkanddan qaytishida birav unga shu xatni berib, Mirzakarimboyning havlilariga tez yetkuzib berasiz, deb iltimos qilibdir. Qix, xi-xi, aylanay sizdan poshsha qiz, qix... Maxtang‘uliq bo‘lmasin, o‘g‘lim ham o‘zimga o‘xshash biravning xizmati yo‘lida o‘lib qutiladir: bu kun tush vaqtida Toshkanddan keldi-da, onasi bilan so‘rashishni ham bilmay shu xatni qo‘limg‘a tutqizdi. «Jon ona, o‘zim yo‘lda juda urinib keldim, sanga adabsizlik bo‘lsa ham darrav Mirzakarimboynikini so‘rog‘lab shuni eltib ber, berguvchi tez berasiz deb o‘tingan edi», dedi. Men ham ko‘ngilchangman, aylanay poshsha qiz, kasaldan yaqinda turganim uchun bir qadam bosishg‘a toqatim bo‘lmasa ham savobdan quruq qolmayin, deb surgala-surgala havlingizni so‘rog‘lay-so‘rog‘lay topqunimcha o‘lib bo‘ldim... qix... — dedi. Kumush xatni xotinning qo‘lidan olib rahmat aytdi va xatning unvoniga ko‘z tashladi: «Marg‘ilon shahrida sokin Mirzakarim qutidor havlisig‘a». — Yanglishmabsiz, oyi. — Nega yanglishay aylanay sizdan, poshsha qiz. Ulug‘ dargohlaringizni ko‘chadagi har kim bilar ekan, — dedi xotin va yaltoqlanib o‘rnidan turdi. — Endi men ketaqolay, bolag‘inam yo‘ldan och kelib, bir qoshiq issiqqa zoriqib o‘lturgandir. — Ichkariga kiring, choy qaynatayliq. — Rahmat, poshsha qiz. Anchon icharmiz choy bo‘lsa... qix. Bir ko‘rgan bilish, ikki ko‘rgan tanish, deydirlar... Kumushbibi xotinni ortiqcha qistab o‘lturmadida, yo‘lakkacha kuzatib bordi. Xotin yo‘lakka burilar ekan qayrilib to‘xtadi: — Bu dunyoda shunaqa hojat chiqarishlardan topqanmiz, agar Toshkandgami, Qo‘qong‘ami otan-gizning xat-patlari bo‘lsa o‘g‘lim bajonudil olib ketadi. Shu o‘rtalarg‘a kelib qolsam xabar olib o‘taymi? — deb so‘radi. Kumushning «yo‘q» deyishka og‘zi bormay «maylingiz, og‘ir kelmasa» deb javob berdi. Xotin yo‘lakka burildi. Kumush ayvon tomong‘a qaytar ekan oshiqib xatni ochti. Xat kichikroq qog‘ozda o‘lchavlik so‘zlardan iborat edi. «Kumushbibi binti Mirzakarimboyga — zavji toshkandlik Otabek Yusufbek hoji o‘g‘lidan. Otangiz Toshkandda ekan vaqtida men bu ishni ochmoqqa og‘irsing‘an, to‘g‘risi uyalg‘an edim. Ma’lumingiz Toshkanddan uylanganimdan so‘ng yolg‘iz boshimg‘a ham Toshkanddan, ham Marg‘ilondan ikki xotin ushlab turish og‘irliq qila boshladi. Shuning uchun bu ikki xotinning birisidan kechishka to‘g‘ri kelib, nihoyat turmishim uchun yengil va orzumga muvofiq bo‘lg‘an bir narsaga qaror berdim. Ul ham toshkandlik xotinim bilangina qolib, sizni taloq qilish edi. Maktubni olg‘an kuningizdan boshlab o‘zingizni mendan begona va nikohimdan tashqari hisoblasangiz bo‘ladir. Manim bu taloq xatimni albatta shariat peshvolari shar’iy hisoblab iddangiz bitish bilan sizga boshqa er qilmoqqa ixtiyor bersalar kerak. Otabek Yusufbek hoji o‘g‘li. 13-inchi javzo, 1265-inchi yil, Toshkand». ...Ul bu maktubni o‘zining so‘ng tomchi kuchi bilan o‘qub tamom qildi-da, jonso‘z bir tovush ila «uyatsiz!» deb qichqirdi va yerga yiqilib o‘zidan ketdi... Yiqilishda qo‘lidan chiqg‘an qog‘oz parchasi shamol bilan uchib borib boshi yonig‘a tushdi. Yo‘lak panasidan mudhish bashara chiqib bir-ikki qayta unga kulib qarag‘ach, yo‘qoldi... Bozordan qaytqan qutidor yerda hushsiz yotqan qizi ustiga dahshat ichida yugurib keldi. Chakkasini zax yerga berib yiqilg‘an va kesak kabi hissiz qizini jon holatda quchog‘ig‘a oldi. «Qizim... Kumush... ko‘zingni och!» Ammo Kumushdan javob yo‘q edi. Dahshati yuz daraja ortqan holda Kumushni ko‘tarib olib ichkariga yurdi. Uyda Oftob oyim bilan To‘ybeka qiychuv qo‘pordilar. Ayvong‘a yotqizg‘an bo‘lsalar ham Kumushni o‘ziga keltirish chorasini bilmay, to‘g‘risi nima chora ko‘rishni eslari topmas edi. Barakat bersinki, esi yarim bo‘lsa ham To‘ybeka umrida birinchi ish qildi: sovuq suv keltirib Kumushning manglay va ko‘ksiga sepkan edi, seskanib o‘ziga keldi. Hushdan ajralayozg‘an bechoralar bu holdan so‘ng bir oz jonlang‘andek bo‘ldilar. Kumushni sovuq ter bosib bir necha vaqt jim yotdi, shundan keyin ohistag‘ina o‘nglanib yotib olg‘ach, ko‘zini ochdi. — Nima bo‘ldi qizim, ko‘zingga bir narsa ko‘rin-dimi? Kumush ko‘zini yumdi-da, entikib qo‘ydi. Javob bermadi. Bu savol otasi tomonidan ham berilgandan so‘ng: — Meni tashqaridan kim olib keldi? — deb so‘radi. — Men, qizim! — Yonimda hech narsa ko‘rmadingizmi? Qutidor bu savoldan boshqa gap tushundi: — Yo‘q, qizim, sen o‘zing yolg‘iz yotar eding. — Shundoq yo... — dedi. So‘zining so‘ngg‘ini aytalmadi. — Gapur, gapur, qizim. — Yonimda bir xat bor edi... meni bu holg‘a qo‘yg‘uchi shu xatdir, — dedi, bu so‘zni nihoyatda kuchlanib aytdi. Vaqt xuftanga yaqinlashg‘an edi. Qizining haligi javobi bilan sabrsizlikka tushkan qutidor qo‘lig‘a sham’ olib tashqarig‘a chiqdi va yerdan xatni oldi. Qizini bunchalik falokatka solg‘an xatni olg‘an yeridan qo‘zg‘almayoq o‘qub chiqdi. Xat haqiqatan jonso‘z edi. Qutidorning ham oz qoldikim, hushi boshidan uchsin... So‘ng chekda xo‘rlang‘an va favqulodda chayqalg‘an yuragi bilan ixtiyorsiz «makkor, insofsiz!» dedi. Ko‘z o‘nglari qorong‘ulanib bir necha vaqt serraygancha qoldi. Yana «yaxshiliqni bilmagan haromzoda» deb qo‘ydi. Boya bu xatdan xabarsiz edi. Endi qizining oldig‘a kirib, uning betiga qarash unga juda ham og‘irlashqan, chunki bu foji’aning bosh omili deb o‘zini tanig‘an edi. Borib ayvonning oldig‘a o‘lturdi va boshini qo‘llari orasig‘a oldi. Bu xo‘rlik, bu odatdan tashqari uyatsizlik bechora qutidorni juda ezgan; nima qilmoqg‘a, xo‘rlang‘an, tahqir etilgan qizini ne yo‘sunda yupatishka, bu qora kunlarni qandog‘ qilib o‘tkazishka bilmas edi. Shu holda ne vaqtg‘achadir qoldi. Erining kechikishidan xavfka tushib, Oftob oyim uning yonig‘a chiqqanda ham ul boyag‘i holda edi. Eru xotin qizlarining yonig‘a kirdilar-da, uning oyoq tomonig‘a o‘tib sekin-sekin o‘lturishdilar. Anchagina bir-bilariga qarashib qolg‘ach, Oftob oyim olg‘an taassurotini ichiga yutaberishka chidalmadi-da, yog‘murdek ko‘z yoshini to‘ka berdi. Qutidor ham xotinini kutib turgandek ko‘z yoshlari bilan soqolini yuvmakka oldi. Ko‘zi yumuq bo‘lsa ham ularning hozirgi hollarini sezib yotg‘an Kumushningda qaynab chiqg‘an ko‘z yoshlari ikki chakkasidan yostiqg‘a oqib tusha boshladi. Shu choqda na uchundir toqchada yonib turg‘an sham’ ham lip-lip qildi-da, o‘chdi... Shuning ila bu havlini chin ma’nosi bilan qorong‘uliq bosdi. Bu voqi’aning uchunchi kuni Kumushbibi yillab yotg‘uchi og‘riqlardek sarg‘ayib ozg‘an, endigina g‘unchadan chiqayozgan bu yosiman gulni xoin qo‘llarning zahri so‘litkan, fasod o‘chog‘ining uyatsiz mufsidlari husn bog‘ining bu yangi erkasini ishong‘an va ko‘z tikkan jihati ismidan tahqir qildirib umidsiz bir vujud yoki jonsiz bir haykal holig‘a qo‘yg‘an edilar. Uning ko‘zlarida doimiy bir ma’yusiyat, arimas bir huzn, har onda bir entikib chayqalish edi. Oftob oyim ham so‘ng chekda xo‘rlang‘an esa-da, lekin unga bu xo‘rliqdan burun u-bu bilan qizini ovitish, uning ko‘nglini ochib bu sovuq, uyat gapni unutdirish, har holda ko‘zining oqu qorasi bo‘lg‘an Kumushni birar kasalga chalinmaslig‘i yo‘lida tirishish muhimroq edi. Va ikki gapning birida «Ortiq o‘ylama, qizim... Esingdan chiqar, endi xafa bo‘lg‘aning bilan sira foydasi yo‘q», der edi. Kumush bo‘lsa hushsizlarcha onasining og‘zig‘a ag‘rayar va har qachon ma’yus edi. Kumushning bu holi bechora onaning yuragini uzar, yuz xil vasvasalarga solar edi. — Kumush, — dedi Oftob oyim tushlik choydan ke-yin, — qaytag‘a tog‘angnikiga borib kelmaymizmi? — Nima qilamiz tog‘amnikida? — Nima qilar edik. O‘ynab kulamiz, qayg‘ularingni ko‘chaga tashlaymiz. Kumush onasining so‘ziga nima uchundir kuldi va «mayli» dedi. — Tur bo‘lmasa, yuz-qo‘lingni yuvib otlan, xudo o‘lim bersin uyatsiz eringga. Kumush muloyimg‘ina qilib onasig‘a qarab oldi. O‘rnidan turib To‘ybeka hozirlab bergan obdasta yonig‘a yuvinish uchun o‘lturdi. Ular tamoman yo‘lg‘a hozirlang‘an edilar, yo‘lak tomondan o‘tkan kun xat keltirgan xotin ko‘rindi. Kumushning ko‘ziga bu xotin ofat kabi ko‘rinsa ham, ammo ikkinchi tarafdan ul so‘yindi. Onasini kelguchi xotin bilan tanishdirib, kim bo‘lg‘anlig‘ini so‘zladi. — Xi-xi, aylanay boyvuchchalardan... Shundog‘ qi-zimnikiga o‘tkan edim, qix... — Xi-xi, aylanay boyvuchchalardan... Shundog‘ qi-zimnikiga o‘tkan edim, qix... alva’ddayn, deb yo‘l ustidan burilib kirdim... deb puchuq xotin so‘zlanib kelar edi. Onabola qo‘lg‘a olg‘an paranjini yerga qo‘yishg‘a majbur bo‘ldilar. Xotin Kumush bilan ko‘rishkach, aching‘ansumon so‘radi: — Ha, aylanay, poshsha qiz, sizga nima bo‘ldi, juda o‘zingizni oldirib qo‘yibsiz? Puchuqqa joy ko‘rsatib, Oftob oyim javob berdi: — Bir-ikki kundan beri tobi yo‘q. — Xudoy saqlasin, xudoy saqlasin, — dedi xotin, — qix... bevaqt kelib sizlarni yo‘ldan to‘xtatdimmi... xayr, xudo singlimni yomon ko‘zdan asrasin, — deb fotiha o‘qudi. — Xush kelibsiz, — dedi Oftob oyim... — Xushvaqt bo‘linglar, aylanay, qix... — dedi xotin va Kumushka qarab davom etdi, — anuv kungi so‘zingiz bilan yo‘ldan qayrilib kirgan edim. Ertaga o‘g‘lim Toshkand jo‘namoqchi, otangizning xat-patlari bo‘lsa... qix. Kumush javob berish o‘rniga onasig‘a qaradi. Qizining qarashidag‘i ma’noga tushungan Oftob oyim «yuboraturg‘an xatimiz yo‘qdir», deb javob bedi. Bu so‘z bilan puchuq xotin g‘ilt etib Kumushka qarab qo‘ydi. Kumush onasini unga xabarsiz ko‘rsatib javob berdi: — Otamning xatlari yo‘q, meniki bor, ozg‘ina kutishka vaqtingiz bo‘lsa, yozib berar edim. Puchuqning kelishidan maqsadi faqat shu yozib beriladirgan xatgina edi. Kumushning o‘tinchi unga moy kabi yoqib tushdi: — Yozib bering aylanay, poshsha qiz, boraturg‘an joyimdan kechiksam-da, savobi bor-ku, qix... — dedi. Kumush xotindan minnatdor bo‘lib uyiga xat yozish uchun kirdi. Yuqorida Otabek tomonidan oling‘an maktubning haqiqati mana shu yo‘sun xiyonatning natijasi edikim, biz endi xiyonat qahramonlari bilan o‘qug‘uchini tanishdiramiz. O'tkan kunlar — 29. Isitma orasida Saratonning ikkinchi kuni... Marg‘ilonning shimolida bo‘lg‘an B... mahallasining kunchiqar tomonida janubga qarab burulg‘an tor ko‘chaning yuqorig‘i burchagida otining tizginini ushlagani holda bir yigit kiyimiga o‘lturgan chang-to‘zonlarini qoqar edi. Yigitning uzoqqina yo‘ldan kelganligi, uning kiprak va qoshlarig‘a, ham endigina chiqa boshlag‘an soqol-murtlariga o‘lturg‘an to‘zonlardan bilgulik edi. Yigirma ikki yoshlar chamasida bo‘lg‘an bu yigit sariq tanlik, ukkining ko‘zidek chaqchayib, o‘ynab va yonib turg‘an qizil ko‘zlik, yuziga parchinlangandek yuza (puchuq) burunlik, manglayi qancha tashqarig‘a o‘sib chiqg‘an bo‘lsa, yuzi o‘shancha ichkariga ketkan, qisqasi vaqtsizroq yaratilib qolg‘an bir maxluq edi. Burchakda yerdan ikki yarim gazlar yuksalikda kunbotishg‘a qaratib qurilg‘an ikkita ko‘rimsiz bir betlik eshiklar yuzlariga yopiq holda edilar. Ma’lum yigit boshidag‘i qalpog‘ini qo‘lig‘a oldida, haligi eshiklarning o‘ng tomonidag‘isini ochib, oti bilan ichkariga yurdi. Eshik ortiqcha tor bo‘lg‘ani uchun ot siqilibkina o‘tdi-da, endi uzung‘ina usti ochiq yo‘lak boshlandi. Yo‘lakdan so‘ng havli edi. Havlining sharq va janub tomonlari buzilib-yorilib yotqan eski xaroba imoratlar bo‘lib, havli yuzi turlik axlatlar bilan bulg‘anch, go‘yo yillardan beri tozalanmag‘an, supurgi ko‘rmagandek edi. Havlining o‘rta yerida pakanagina baliq tut o‘sib, ostig‘a kul va boshqa axlatlar to‘plang‘an edi. Havlining kunbotar tomonida xarobaliqdan ozg‘ina berida bo‘lg‘an, boyag‘i yo‘lakka tiraltirib soling‘an ikki darichalik bir uy, bu uy qatorida bir ayvon bo‘lib, shu-ning ila bu havlining tikkaygan binosining hisobi tamom edi. Bu xonadonning oshxonasi bo‘lmag‘ani uchun bo‘lsa kerak haligi ayvonning bir burchagiga o‘choq qurulg‘an. Tutunlar bilan ayvon deganimiz qob-qora is, go‘yo ayvon bo‘lg‘anig‘a ond ichmakda. Buning ustiga o‘choq boshidag‘i tovoq-qoshiqlar, tog‘ora va qozonlar tartibsiz ravishda iflos yotarlar, qozon tevaragida uymalashmakda bo‘lg‘an uch-to‘rtta tovuqlar mundagi ifloslikni yana bir qat oshirmoqda edilar. Ayvonning narigi yonidag‘i daricha orqaliq uyga kirilur edi. Uyning yarmisi quruq yer — qora shibdan iborat bo‘lsada, ammo to‘rida chaqich bog‘lab yiltiramakda bo‘lg‘an — kir, yulduz kabi ilmateshuk jafokash oq kiyiz, ham taxmondag‘i eski sandiq ustiga yig‘ib qo‘yulg‘an bir to‘da paxtasi chiqg‘an uvadalar ko‘rpa-yostiq otini o‘z ustila-riga olur edilar. Bitta toqchadag‘i cheti uchkan, qoni qochqan uch to‘rtta piyola va bir qora qumg‘onni, ikkinchi toqchadag‘i umrida yuvinib ko‘rmagan qora mis barkashni, bo‘sh qoziqlar ko‘ngli uchun osilg‘an bittagina kir dasturxonni tilga olish bilan bu havlining butun jihoz-amloki ro‘zg‘orini yozib chiqilg‘an bo‘linur, burchakdagi toqchada qattig‘ non mujib o‘lturg‘uchi sich-qonni ko‘rsatib o‘tilmasa, bu uyda boshqa jonliq zot ham ko‘rinmas edi. Qarshidag‘i bo‘g‘oti tushib o‘rtasi yemirilgan, devorlaridan baqa sallasi unib chiqg‘an xaroba binolarning o‘nda-so‘nda ko‘rilmada bo‘lg‘an eski naqshlaridan va sirlaridan bu oilaning ilgarida davlatlik bir xonadon bo‘lg‘anlig‘i, ammo bu kunda ortiqcha faqirlikda yashag‘anlig‘i onglashilur edi. Yigit otini tut yog‘ochig‘a bog‘lab, uyga tomon yurgan ham edi, burchakdagi xaroba uydan o‘zini tuzatib o‘qug‘uchining qutidor havlisida ko‘rgani pakana xotin go‘yo onalarning «ziyondosh albasti»laridek xunuk qi-yofada yigitka qarab yugirib kela boshladi. Xotin yigit bilan eson-sog‘liq so‘rashqach, ikkisi uyga kirdilar. Yigit to‘nini yeshib uyning to‘riga irg‘itdi, boshidan qalpog‘ini olib qoziqqa ildi. Shundan so‘ng, ikkisi ham o‘lturishdilar. — Qalay, — deb so‘radi xotin, — ishing o‘ngidanmi? — Chakki emas. — O‘zi hozir shu yerda edi. Eblab kelsa shu edi, deb tashvishlanib o‘lturdi. San kelur oldingdag‘ina chiqub ketkan edi. — Uyga ketdimi? — Bilmadim, kelib qolsa kerak. O‘zi ham qatnay-qatnay o‘layotibdir, kecha qayta kelib-ketdi, qix... — Nimadan tashvishlanadir? — Ishni aytkanimdek qilolmasa, hamma mehnat to‘rt pul, deydir. Yigit kulimsirab olg‘ach, so‘radi: — O‘zimizning ishlar qalay? Bu savoldan xotinning yuziga umidsizlik tusi kirdi: — Bilmadim, do‘stdanmi, dushmandanmi haytovur olding ochilmay turadir, sovchiliqqa chiqmag‘an kunim yo‘q, qix... Yomon qo‘shnini yer yutsin; Marayim kudingchi bo‘shashqandek bo‘lg‘an edi, uni ham qo‘shnilar o‘lgur aynatibdilar... Homidboy bo‘lsa bu kun unashsalaring ertaga to‘yni boshlaymiz deydir, qix... — Bu so‘zdan yigitning ko‘zlari olayib allanechuk tuska kirdi. — Qaysi qo‘shni ekan, u? — Qurib ketsin, yomon qo‘shnilar, qix... Man sanga qaysi bir qo‘shnini tutib beray, hammasi ham aynatar emish. — San manga o‘sha... ni ko‘rsatib ber, tobini olib qo‘yay o‘sha onangni... Ikkisi shu mojaroda edilar. Yo‘lakdan kirishdayoq tutka bog‘lang‘an o‘zining otidan odamning kelganini bilgan Homid ayvondan aylanib kirishka sabri chidamay, darichadan oshib uyga kirdida, yigit bilan quchoqlashib ko‘risha ketdi. O‘lturar-o‘lturmas Homid undan so‘ray boshladi: — Xo‘-o‘-o‘sh, Sodiq polvon, ishlar qanaqa, Toshkandda nima gaplar bor? — Nima gaplar bo‘lsin. Toshkandda tinchlik. Bahona bilan Toshkandni ham ko‘rib oldiq. — Eshigini topa oldingizmi? — Topdim. Aytkaningizdek, uning eshigini Toshkandda har kim bilur ekan. — Bulmasa, xatni ham topshirg‘andirsiz? — Topshirdim. — Bali sher, xatni qo‘lingizdan kim oldi? — Bir chol. — Yuzi cho‘ziqroq, chakkasi siqiqroq choldir. — Xuddi o‘zi. — Xatini ham ololdingizmi? — dedi va sabrsizlanib Sodiqning og‘zig‘a tikildi. Sodiq yuziga mag‘rur bir tus va ovozig‘a muzaffariyat ohangi berib «xatini ham oldim», javobini aytdi. Bu javobdan so‘ng Homidning og‘zining tanobi juda ham qochqan va Sodiqning yelkasiga qoqa boshlag‘an edi. Sodiq qo‘ynidag‘i xatni olur ekan, ishlatkan hiylasini hikoya qildi: — Xatni cholg‘a berdim-da, ertaga Marg‘ilon ketaman, xat bersalaringiz bemalol, dedim. Chol bir oz o‘ylab olg‘andan keyin, hozirg‘a xatimiz yo‘q, sizga malol kelmasa erta bilan bir xabar olib ketmaysizmi, o‘zingiz hozirda qayerda turibsiz, deb so‘radi. Man og‘ir-sing‘ansumon o‘ylanib oldim va xo‘b, dedim, qo‘shxonam uzoq bo‘lsa ham bir xabar olib o‘tarman, dedim. Ishning o‘nglanishiga quvonib, bir kechani choyxonada kechirib, ertasiga va’da vaqtig‘a yana bordim, imon topkur otam xatni muzdek qilib tayyorlatib qo‘yg‘an ekan, Marg‘ilon qayerdasan, deb bir ot, bir qamchi jo‘nay soldim. Homid xatni olur ekan, Sodiqning yelkasiga qoqib «rahmat, rahmat», deb qo‘ydi va: «Biz ham sizning harakatingizda», degan so‘zni ham qo‘shib qo‘ydi. Xatni ochar ekan, Homidning yuzida quvonch aralash bir jiddiyat mushohada etilar edi. «Umidim yulduzi, orzum chechagi, hayotim tiragi Kumushimga! Kinoya va achchig‘lar bilan to‘liq bo‘lg‘an maktubingizni oldim. Xatni yozg‘an chog‘ingizda tamom bir o‘t ichida, g‘azab dengizida suzg‘anlig‘ingiz gavdalanib ko‘z o‘ngimdan o‘tdilar. O‘tdilargina emas, hatto menga shunchaliq ta’sir etdilarkim, go‘yo malikasining g‘azabiga uchrag‘an qul qay darajada es-hushidan ayrilsa, qilar ishidan, o‘ylar o‘yidan yanglishsa, maning-da hozirgi holim buning yuz daraja yuqorisig‘a yetdi. To‘g‘risi zahar olud maktubingizga odamlarcha tushuna olmadim va tushunishka ham luzum ko‘rmadim, chunki g‘azab ustida aytilgan so‘zlar aqlli kishilarcha loyiqi muhokama va mutolaa bo‘lolmas, gulxandan so‘ng alanga hisobini hech bir vaqtda olinmas. Lekin maktubingizning bir o‘rniga nima ma’no berish uchun tamoman ojiz qoldim: «Ilgarigi so‘zingiz bilan o‘zingizning haqqingiz bitkanligini bilaturib ham yana uyalmay, qizarmay vijdonsizlar amrini berib qo‘yasiz-da, uyatsizlig‘ingizni yana bir qat oshirasiz...» va «Otam Toshkanda ekan kezda bu gapni aytishka uyalg‘an emishsiz», «go‘yo buning bilan nomuslik, uyatchan bir yigit bo‘lib ko‘rinmakchisiz shekillik?!» Bu so‘zlaringiz bilan nima demakchi bo‘lasiz, taningiz sog‘mi? Durust, man otangizga birga ketalmasligimni, charlarni uch-to‘rt kun kutib qolishimni bir necha vaqt aytalmay yurdim va nihoyat otangiz ketishka ruxsat so‘ray boshlag‘ach, otam orqaliq uzrimni aytirdim, bas, bunda qanday uyatsizlik bo‘lsin, gumonimcha isitmangiz qattig‘ ushlag‘an ko‘rinadir va bu telbalarcha maktubingizni isitma orasida yozg‘on o‘xshaysiz...» Homid maktubning bu o‘rniga yetkanda ixtiyorsiz xaxolab yubordi-da, «voy ahmoq» deb qo‘ydi. Puchuq xotin bilan Sodiq kulib unga qarasalar ham ul iltifotsiz o‘qushida davom etdi: «Maktubni isitma orasida yozg‘aningizg‘a tamoman qanoat qildim. Shuning uchun sizni ayblashka haqqim yo‘q, ham siz ma’zursiz. Bu kinoya va zaharlik maktubni yozishg‘a sizni majbur etkan, meni hiylakor tulki, og‘zi qon bo‘ri, uyatsiz yigit... va tag‘in alla qancha martabalarga mindirilishlarimning bosh omili albatta otangizdan ham eshitkan bo‘lsangiz kerak, shu kungacha charlar balosi bilan tutqun bo‘lishim orzu-havas qayin otasining og‘rib yotish shumligidir. Nihoyat sizning achchig‘ xatingiz barakasida bu kun charlar xabari ham kelib qoldi. Siz maning bu xatimni o‘qub, gunohlarimni yarlaqab turg‘an kezlaringizda, albatta man Marg‘ilon yo‘lida bo‘lsam kerak. Onangizning o‘quyturg‘an bayti maning sha’nimga tamoman teskari, chunki ota-ona orzusi hech bir vaqt yangi yorlik vazifasini o‘tay olmas va hamisha boshqalar-ning orzu-havasi bo‘lib qola berar. Siz o‘zingizni tuproq bilan tenglashdirmakchi bo‘lg‘ansiz, lekin man hozir Kumushka ham qanoatlanmay Oltinbibi deb atamoq fik-riga tushdim... Borlig‘im muhabbatingiz alangasi bilan tutashqani holda zavjingiz Otabek. 26 javzo, 1265-nchi yil. Toshkand». Maktubning bosh tomonini o‘qug‘anda Homidning yuzida ko‘rilgan shodlik o‘zgarishlari xatning oxiri bilan negadir yuvilg‘andek va shodliq o‘rnini chuqur bir mulohaza olg‘andek bo‘ldi. Bir-ikki daqiqaliq fikrdan so‘ng Otabekning «Siz maning bu xatimni o‘qub gunohlarimni yarlaqab turg‘an kezlaringizda, albatta man Marg‘ilon yo‘lida bo‘lsam kerak...» jumlasini ko‘zidan o‘tkazdi-da, Sodiqdan so‘radi: — Toshkanddan chiqg‘aningizga necha kun bo‘ldi? — Olti kun. Sodiqning javobi uning ustidagi yukni tag‘in ham og‘irlashtirg‘andek sezilib ul boshini quyiga engashtirdi va chuvoq soqolini tuzatib fikrda qoldi. Homiddagi keyingi o‘zgarishdan xabarsiz taxmondag‘i uvadalarni tuzatish bilan ovora bo‘lib yurgan puchuq xotin Homidning yonig‘a o‘lturib, xunuk bir iljayish orasida so‘radi: — Qalay, Homidboy, ishlar o‘ngdanmi? Poshshanisaga endi sovchiliqqa boraveramizmi? Homid umidsizcha boshini chayqadi va salmoqqina qilib javob berdi: — Ishimiz hali u darajaga yetkan emas, biz hozir faqat sovchining yo‘lidag‘i birinchi g‘ovnig‘ina buzdiq. Homid puchuq xotin orqaliq Kumushning xatini oldirish bilan o‘zining birinchi martaba yuborg‘an xiyo-natnomasini favqulodda bir muvaffaqiyat bilan natijalanganligini sezib, Otabek ko‘kragiga ham qo‘l solib ko‘rmak va uning Kumushbibiga bo‘lg‘an munosabatini bilib, ham shunga qarab ish yuritmak uchun Kumushning maktubini Sodiq orqaliq Toshkandga yuborg‘an, Sodiq esa o‘qug‘uchig‘a ma’lum maktubni Otabekka topshirib, Otabekning Kumushka yozg‘an maktubini ham olib kelgan ediki, yuqorida bu xat Homid tomonidan o‘qulib o‘tdi. Otabekning bu maktubi ortig‘i bilan o‘zining Kumushka bo‘lg‘an munosabatining hamon eski holida boqiylig‘ini e’lon qilar va o‘zining osonliq bilan raqibka berilmasligini so‘zlar edi. Bu yo‘lda birinchi qadamini muvaffaqiyat bilan bosqan Homid keyingilarini birin-chidek ketishi uchun qayg‘ulanar edi. Bu kun-erta Otabek kelar-da, Kumush bilan topishar. Xiyonat-nomaning o‘ziniki bo‘lmag‘anlig‘ini isbot etib, Homidning o‘ylag‘an ishini yana keyinga siltar yoki butunlayga Homidning umidini uzar — mana bu ochiq, ko‘rinib turgan ehtimol emas, haqiqat oldida ul hayron va bunga qarshi tadbir o‘ylash bilan garang edi. Ul bu to‘g‘rida uzoq o‘ylab turmadi, bir narsaga qaror qo‘yg‘an kabi fikrdan ko‘zini ochdi va puchuq xoting‘a dedi: — Jannat opa, bir chilim beringiz-chi, — Jannat opa chilim solish uchun qo‘zg‘alg‘ach, Sodiqqa dedi: — Inim Sodiqboy, ishimiz juda xom hali. Sodiqning qizil ukki ko‘zlari o‘ynab javob berdi: — G‘am yemang, aka, xom bo‘lsa o‘bdan pishitarmiz, o‘lmasak. Sodiqning bu javobi Homidning ishonchini moyla-g‘andek bo‘ldi, to‘ppisini boshidan olib namatka tashlag‘ach, minnatdorlik ohangi bilan: — San bilan Jannat opam tirik bo‘lsalaringiz pishitarmiz, albatta! — dedi va Jannat opa qo‘lidag‘i chilimni olib takir-tukir qilib pishitdi va shi-g‘-g‘-g‘ etdirib sar-xonani sindirib yuborar darajada ichiga tortg‘ach, og‘zidan chiqg‘an pag‘a-pag‘a tutunlar orasida chilimni Sodiqqa uzatib, Jannat opag‘a dedi: — Opa, siz tag‘in bir martaba qutidorning uyiga xat olib boraturg‘an bo‘ldingiz... — Qix, jonim bilan aylanay. Sodiq olib kelgan xatnimi? Homid kuldi. — Yo‘q, opa, agar bu xatni olib borsangiz, shunchalik qilg‘an ishlarimiz birpul degan gap bo‘ladir. Ilgarigi gal yozdirib berganimdek o‘z rejamizga muvofiqlab Otabek tilidan yana birini o‘martirib beraman. — Xi-xi-xi, aylanay, qix... Man bu ishlarni qayoqdan bilay, Homidjon. — Albatta bilmaysiz. Lekin mundan so‘ng yaxshi bilmog‘ingiz kerak, ozg‘ina yanglishib ketsangiz ham hamma qilg‘anlarimiz shamolg‘a uchadir, undan so‘ng...— to‘satdan bu o‘rinda Homidning esiga o‘zi-ning bir xatosi kelib tushdi: birinchi gal Otabek tilidan yozg‘an soxta xatini uning qo‘l yozuvini mulohaza qilmasdan yuborg‘an va bu kungacha bu sirni qutidor, Kumushbibilar tomonidan sezilib qolishidan qo‘rqib kelmakda edi. Endi bu ikkinchi soxta xatni yozdirishda garchi hozir Otabekning qo‘lyozmasi o‘z qo‘lida bo‘lsa ham yana qo‘rqunchi yo‘q emas edi. Endigi xatni niho-yatda ehtiyot bilan nusxaga qarab yozdirishni ko‘nglidan o‘tkazdi-da, yana qaysi to‘g‘ridadir uzoq o‘ylab olg‘ach, Sodiqqa dedi: — Inim Sodiqboy, sizga ham yana katta bir xizmat bor, basharti... — Kishining xizmatidan qochqan yigit emasman! Homid Sodiq bilan Jannat opag‘a qarab oldi va: — Shundoqmi? — deb ishonmag‘ansumon takror so‘radi, undan ijobiy javob olg‘ach, yonini kavlashdira berib: — Jannat opa, — dedi Sodiq horib qorni ochib kelgan ko‘rinadir, man ham ertadan beri tomoq yegan emasman, biz Sodiq bilan so‘zlashib o‘ltursak-da, siz mana shu pulga guzardan chiqib bir chorak et keltirib, sho‘rba qilib bersangiz. — Jannat opa paranjisini yopinib etka ketdi, so‘ngra Homid Sodiqdan takror so‘radi: — Kishining xizmatidan qochqan yigit emasman, deng-chi? — negadir Homid Sodiqning takror-takror: «qochqon odam emasman, sinamasdan xizmatini aytabering», deyishiga ishonmas edi. Nihoyat: — Basharti sizga buyuradirg‘an xizmatim bu kungacha qilg‘an ishlaringizdan tamoman boshqa va og‘ir bo‘lsa-chi», — dedi. Sodiq Homidning maqsadig‘a tushungandek bo‘ldi va o‘ylab turmay: — Odam o‘ldirishmi? — deb so‘radi. Homid Sodiqqa ishonmag‘ani holda bir daqiqa chamasi qarab turdi, so‘ngra tevaragiga alang‘lab olg‘ach, hazil tariqasida: — Basharti odam o‘ldirish bo‘lsa-chi? — deb so‘radi. — Bu kungacha ikkitasini joylashdirdim, uchunchiga o‘tsa nima qiladi? — dedi Sodiq va mag‘rur kulib qo‘ydi. Bu so‘zdan so‘ng Homid ustidagi yukni otqandek so‘lish olib qo‘yg‘an edi. — Man kishining xizmatini unutaturg‘an yigit emasman, — dedi Homid va davom qildi, — o‘g‘ul bola uchun o‘g‘ul bolalig‘im, yomon uchun yomonlig‘im bor, basharti shu xizmatni bajarib berishni bo‘yningga olsang, ond bilan aytamanki, davlatimning yarmisi saniki bo‘lsin! Sodiq o‘lturgan joydan qo‘lini Homidga uzatib «qaytmaysizmi?» deb so‘radi. Homid qo‘lini olib «so‘z ham bir, xudo ham bir» javobini berdi. Shu kunning ertasidan boshlab, Sodiq qutidorning eshik oldi tevaragida Otabekni kutmakchi, ul kelib yo‘lakka kirdi deguncha orqadan borib uning ishini saranjomlamoqchi edi. Sodiqning fikricha, bu ishni darbozadan tashqarida bajarish muvofiq bo‘lsa ham, nima uchundir Homid bunga ko‘nmay qutidorning uzun qorong‘i yo‘lagini qulay bilmish edi. Sodiqning «qay vaqtda kelar ekan?» savoliga: — Albatta, shaharning darbozasi ertalab ochilib, shom bilan yopiladir, gumonimcha ertalab Qo‘qondan chiqsa, asr vaqtlarida Marg‘ilong‘a kiradir, — dedi va so‘z oxirida orada so‘zlanib o‘tilgan shartni yana ta’kidladi. — Yaxshi o‘yla, Sodiq. Olam hodis qo‘lg‘a tushib qolsang, so‘roq kezida aybni faqat o‘z bo‘yningga olib, orag‘a meni qotishtirmaysan. — Xotirjam’ bo‘ling, Sodiq deganingiz bunday xumsalikni jallodning qo‘lida ham qilmas, azbaroyi xudo. — Undan so‘ng ikkinchi shart: bu sir faqat ikkimiz-ning oramizdag‘ina qoladir, o‘zing ham sezgan bo‘lsang kerakkim, Jannat opani etka ovora qilishim uni ham bu sirdan tashqarida tutish uchun edi — Ko‘nglingizni mendan juda to‘q tutabering, aka! Avg‘oni xanjaringizni beraman degan edingiz-a? — Sho‘rba pishguncha kelturaman, — dedi Homid va ketdi. O'tkan kunlar — 30. Quvlanish Uchinchi kundan buyoqqa qutidorning eshigi tevaragidan Sodiq ayrilmas edi... hozir kechki soat yettilar bo‘lib qolg‘ani uchun bu kun ham uning kelmasligiga qaror bergan va ketishni chog‘lar edi, lekin uzoqdan kelguchi birar otliqni ko‘rsa balki shu bo‘lmasin, deb yana kutib qolar edi. Ahvol bilish uchun bo‘lsa kerak, Homid ham otiga qiyshiq minib o‘tib ketdi. Savol nazari bilan qarag‘an edi, Sodiq boshini chayqab javob berdi. Nihoyat qutidor ham kundagi vaqtda bozordan qaytib uyiga kirdi. Vaqt shomg‘a yaqinlashib qolg‘anliqdan bitta-yarimta do‘konlar ham yopilib, o‘tkunchilar ham siyraksib qoldilar. Shuncha kutkanning o‘n daqiqasi deb bo‘lsa kerak, ul hamon shu o‘rtada aylanib yurar edi. Poyafzal rastasining sharqqa qarab tortilg‘an ko‘chasi boshidan bir to‘da yigitlar munga qarab kelar edilar. Boshda ul kelguchilarni tanimag‘an edi, yigitlar yaqinlashib kelgach, o‘zining o‘rtoqlari ekanini bilib o‘ngg‘aysizlana boshladi. O‘zini ulardan yashirish uchun qutidorning yo‘lagini jo‘blag‘an ham edi, yigitlardan bittasi: «Bu yerda Sodiq nima qilib yuribdir» deb yubordi, ikkinchi yigit «Sodiqboy, Sodiqboy!» bilan chaqirishg‘a tutinib, shuning ila Sodiq burilg‘an joyida to‘xtab qo-lishg‘a majbur bo‘ldi. — Nega bu yerda tegirmonchining ishsiz qolg‘an eshagidek junjayib o‘lturibsan, Sodiq? — dedi bir yigit. Boshqalar buning so‘ziga kulishdilar. Sodiq ham kulgiga ishtirok qilib, yigitlarning yaqinig‘a keldi. — Biravda ishim bor edi, shuni kutib o‘lturibman. — Sodiq dedi haligi yigit va Sodiqdan «ha» javobini olg‘ach, — burningmi Risolat xolamning rapidasi? — dedi. Yigitlar tag‘in ko‘chani ko‘tarib kulishib yubordilar. — Jur, bazmga! — Qanaqa bazmga? — Shamshodbekning bazmiga, hali Shamshodbek-ning to‘yidan xabaring yo‘qmi? Jur, Sodiq jiyanim, basharangmi, do‘lda qolg‘an tappimi? Sodiq ikkilanib javob berdi: — Man keyinroq boraman. — Eh xumsa, — dedi yigit va ariqdan sakrab So-diqning yonig‘a o‘tdi. Andijondagi Qaymoqxon ham kelibti, bazmi jamshid desang-chi, jur! — Yigit Sodiqni sudray boshladi. Boshqalar ham uning orqasidan itara ketdilar. Sodiq o‘rtoqlarining jabri ostida ilojsizgina borsa ham, lekin ikkinchi tomondan kutkanini bu kun ham kelmasligiga qarori ham yo‘q emas edi. O‘n-o‘n besh otlamdan so‘ng o‘rtoqlarig‘a itartirib o‘lturmasdan o‘z ixtiyoricha yuriy boshladi. Ko‘chaning janubiga qarab borar edilar. Oradag‘i g‘arbg‘a qarab tortilg‘an ko‘chani ham bosib to‘g‘rig‘a o‘ta boshlag‘an edilar, uzoq-dan ot yeldirib to‘g‘rig‘a kelguchi otliqni ko‘rgan Sodiq ko‘chaning o‘rtasida to‘xtadi. Haligi mushtumzo‘r yigit uni bir turtdi-da: — «Yur, yur, itbachcha, jinni-minni bo‘ldingmi?» deb sudray boshladi, boshqalar ham unga to‘rt tomondan chug‘urchiqdek yopishdilar. Shunday qilib «bechora» Sodiqni o‘z xolig‘a qo‘ymay ko‘chadan anchagina nariga surgab ketdilar. Ular bu ko‘chadan o‘ttuz-qirq adimlab uzoqlashg‘an ham edilar, haligi uzoqda ko‘rilgan otliq to‘riq yo‘rg‘asini qarsillatib katta ko‘chaga chiqdi va yigitlar kelgan tomong‘a — shimolga burildi. Sodiq ketar ekan, otliqqa burilib qaradi. Hasanalidan xat olg‘ani borg‘anida otxonada ko‘rgan qora to‘riq otni tanig‘ani on qo‘ltug‘ig‘a kirib olg‘an ro‘dapodan qutilishg‘a tirishib boqdi, lekin uhdasidan chiqolmag‘ach, ko‘zini yirtqichlarcha chaxchaytirib «it emgan da’yus!» dedi qo‘ltug‘idag‘i jonlik kishanga... Uyoq-buyoqdan shom azoni eshitila boshlag‘an edi. Ma’lum otliq qutidorning darbozasida otini to‘xtatdida, o‘ng oyog‘ini uzangudan uzdi. Shu vaqtda shom namozidan qolmas uchun shoshilishib qutidor ham yo‘lakdan chiqib keldi. Otini ko‘chaning o‘rtasida qoldirib, qayin otasi bilan ko‘rishmak uchun yugirgan kuyavi oldida namozini ham unutkan qutidor dag‘-dag‘ titrab to‘xtag‘an edi. Ko‘rishmak uchun o‘ziga uzatilg‘an qo‘lni bo‘sh havoda qoldirib, darbozasi yonig‘a bordi. Bunday muomala oldida Otabekning qanday holda qo-lishi izohka uncha muhtoj bo‘lmasa kerak. Ul turgan joyida qoziqdek qoqilib qolg‘an edi. Qutidorning oldig‘a yurishnida bilmas, so‘zlashka ham tili kelmas edi. — Bu qanday harakat, ota? Qutidor titroq va hayajonli bir tovush bilan: — Uyatsizga maning uyimdan o‘rin yo‘q, uyatsiz bilan so‘zlashishka ham toqatim yo‘q... Boringiz, ma-ning eshigim yonida to‘xtamangiz! — dedi-da, o‘zini ichkariga oldi va darbozani yopib shildir-shildir zanjirini bog‘lay boshladi... Otabek esini boshig‘a yig‘ib, mixlang‘an yeridan qo‘zg‘alg‘anda shom namozi o‘qulib bitkan, kishilar uylariga qayta boshlag‘anlar edi. Ul moshinavori kelib otig‘a mindi va «chuh» dedi, lekin ot qo‘zg‘almadi. Ikki-uch qamchidan so‘ng tolg‘a bog‘lang‘an tizgin shart etib uzilib ketkach, boya yurib ketkan otini o‘tkunchilardan bittasining bog‘lab turg‘anini esladi. «Chuh» dedi. Ot ko‘chaning sharqig‘a qarab ketdi. Bu ketishda uning hushi o‘zida deb aytish qiyin, shuning uchun otning boshini qayoqqa qarab solg‘ani ham belgulik emas, ehtimolki unga hozir ot yursa bas bo‘lg‘ay. Ot ko‘chaning ayrilishig‘a yetib «endi qayoqqa yuramiz» degandek to‘xtag‘an edi, egasi yana «chuh» deb javob berdi. Ot shimolga qarab burildi. Bu ko‘cha bilan uzoq yurgach, oltinchi faslda o‘qug‘uchi bilan ta-nishdirilg‘an B... mahallasiga chiqib, ot yana qay tomonga yurishni so‘rab to‘xtadi. — Chuh. Ot ko‘chaning sharqig‘a yurib o‘qug‘uchig‘a ma’lum burchakdagi ikkita eshikdan ham yana shimolga burib, tor ko‘cha bo‘ylab uzoq ketdi. Vaqt xuftanga yaqinlashib qolg‘anliqdan qorong‘i o‘bdan tushkan edi. Ot o‘zining bu galgi to‘xtashida egasining chuh-chuhiga ham sirt berib turib oldi va Otabek ko‘zini ochib yo‘l qarashg‘a majbur bo‘ldi. Otning tor ko‘chaning nihoyatiga yetib yo‘lsizlikdan to‘xtalg‘anini onglag‘ach, o‘tkan ishlardan o‘ziga hisob bera boshladi. Qayin otasi eshigida otini yo‘lga solg‘anini bir oz eslasa ham boshqasini bilmas edi. Har holda Marg‘ilonning chetrog‘idagi boshi berk ko‘chada va katta bir darboza yonida turg‘anlig‘ini tushundi. Otning boshini burishni-da, burmasni-da bilmay bir oz o‘ylab to‘xtadi. Ul o‘ylab turg‘anda darboza ichkarisidan ikki kishining xayrlashib ajralishqanlari sezilar edi. Ichkaridagi oyoq tovushi darbozaga yaqinlasha bergach, ul chiqg‘uchig‘a xalaqit bermas uchun otining boshini chetka burdi. Otabek to‘xtag‘an o‘rin to‘rt tomondag‘i imoratlar bilan o‘bdan qorong‘i, shuning uchun darbozadan chiqg‘uchining faqat boshidag‘i oq sallasidan o‘zgasi ko‘zga ilinmas edi. Chiqg‘uchi darboza yonida turg‘an otliqdan cho‘chibmi va yo o‘zichami so‘radi: — Kim otda turg‘an? — Man, — dedi Otabek va o‘zining mantiqsiz javobidan o‘ng‘aysizlanib tuzik javob berishka og‘zini jo‘blag‘an ham edi, chiqg‘uchi «siz kimsiz?» degan savol bilan uni to‘xtatib qo‘ydi. — Man... bir musofir g‘arib, — deb javob berdi-da, negadir tomishka intilgan ko‘z yoshisini kuch bilan to‘xtatib qoldi. — Marg‘ilong‘a shom vaqtida kirgan edim, ko‘zlagan joyimni topolmay adashdim... — Qani bo‘lmasa, juring biznikiga, mehmon, — aytkuchining so‘z ohangidan o‘rtoqliq bo‘yi kelib Otabekning dimog‘iga ursa ham: — Rahmat sizga, aka, — dedi, lekin uning bu so‘zi ham o‘rinsiz ketkan edi. — O‘zingiz adashdim, dedingiz-ku, tag‘in qayoqqa bormoqchi bo‘lasiz? — Sizga og‘ir kelmasa... — Og‘irlig‘i yo‘q, yuringiz, — dedi va olding‘a tushib Otabekka yo‘l boshladi: — Man ham sizga o‘xshagan bir g‘arib. Otabek kishi orqasidan ketdi, oldinma-keyin so‘zlashmasdangina ko‘chaning oyog‘ig‘a qarab borar edilar. Anchagina yurgach, boshlovchi «otingizga ham joy bor», deb qo‘ydi. Otabek javob bermadi. Shu ko‘yi so‘zsizgina ko‘chaning burilishiga yetdilar-da, kishi Otabekni to‘xtashg‘a buyurdi, o‘zi shoshilib o‘qug‘uchig‘a ma’lum Jannat opa eshigining chap tomonidag‘i ikkinchi eshikni ochish uchun qulfni timiskiladi. Eshikni ochishi bilan: — Otdan qo‘ningiz, mehmon, — dedi otni Otabek qo‘lidan olg‘ach, — siz xurjiningizni olib yo‘lakdan to‘g‘rig‘a kiraberingiz, — dedi. Otabek xurjinni ko‘tarib eshikka kirdi, usti yopiq qop-qorong‘i yo‘lakdan o‘tib kattagina bir havliga chiqdi va xurjunni havlining o‘rtasig‘a eltib qo‘ydi. Kishi otni burchakdagi usti yopiq oxirg‘ami, sufagami bog‘lag‘ach, kelib xurjinini oldi. — Otdan qo‘ningiz, mehmon, — dedi otni Otabek qo‘lidan olg‘ach, — siz xurjiningizni olib yo‘lakdan to‘g‘rig‘a kiraberingiz, — dedi. Otabek xurjinni ko‘tarib eshikka kirdi, usti yopiq qop-qorong‘i yo‘lakdan o‘tib kattagina bir havliga chiqdi va xurjunni havlining o‘rtasig‘a eltib qo‘ydi. Kishi otni burchakdagi usti yopiq oxirg‘ami, sufagami bog‘lag‘ach, kelib xurjinini oldi. — Qani ayvong‘a, — deb yo‘l boshladi. Kishi Otabekni o‘tquzg‘ach, tokchadan sopol lagan bilan qovuqni olib chaqmoq surtdi. Sham’ yoqildi. Bu kishi qirq yoshlar chamaliq, qonsiz yuzlik, siyrakkina soqollik, qo‘y ko‘z, ko‘b vaqt madrasa riyozatini chekkannamo, qotma, uzun bo‘ylik bir odam edi. Ayvonning polos va asboblarida uncha boyliq ko‘rilmasa ham puxta, ozoda, chirk yuqturilmag‘an yo‘sunda yig‘ishtiril-g‘anlig‘idan egasining rind tabi’atlik ekaniga shahodat bermakda edi. Ayvonning so‘l tomonida ko‘rilgan bir eshik ila uymi, hujrami, borlig‘i bilinar edi. Uy egasi Otabekni yaxshilab ko‘z ostidan o‘tquzg‘ach, so‘radi: — Qorningiz albatta ochdir, mehmon? — Otabekdan javob kutib turmay o‘zi hukum ham berib qo‘ydi. — Yo‘l bilan albatta ochiqqansiz, savzi-piyoz va go‘shtlarim hammasi tayyor, faqat o‘choqqa olov yoqsam, xolos, o‘zim ham hali xo‘rak qilg‘anim yo‘q, ko‘b emas ozg‘ina, bir chimdimgina qilaman. — Otabekning uzriga quloq bermay oshg‘a urnashka oldi. Otabek endi o‘tkan ishlarni ko‘z o‘ngidan o‘tkuza boshlag‘an edi. Bu kungi besh daqiqa orasida bo‘lib o‘tkan voqi’ani hech bir yo‘sun bilan miyasiga sig‘dira olmas, chindan bo‘lg‘an ish deb o‘ylashg‘a aqli bovar qilmas edi. Lekin quloqlari ostida hozirg‘ina aytilgan «Uyatsizga maning uyimdan o‘rin yo‘q... Boringiz, eshigim yonida to‘xtamangiz!» so‘zining sadosi qanday bo‘lsa ham unga bir haqiqatni ochiq so‘zlar va nafsida sezilgan xo‘rlanish va hayajon buni tasdiqlar, bugina emas yuziga yopilg‘an darboza-ning, shildir-shildir qilib bog‘langan zanjirning sadosi ham bu haqiqatni ta’kidlar edi. Bundan so‘ng Kumushning zaharlik muammo maktubi bir sidira ko‘z o‘ngidan o‘tib ketdi. Maktubdagi tushunishi qiyin bo‘lg‘an nukta va ishoratlar yana bir qayta zahar sochib o‘tkandek bo‘ldilar. Lekin bularning barchasini yig‘ib ochiq-oydin bir natija chiqarish kuchidan ojiz, go‘yo isitma vaqtida bo‘laturg‘an tuturiqsiz, bog‘lanishsiz alji-bilji holatni kechirib, ishni bir-birisiga bog‘lay bilmas edi. Ammo hozirgi daqiqada unga eng ochiq ta’sir etkan narsa: «Boringiz, eshigim yonida to‘xtamangiz!» jumlasi bo‘lib, to‘lqinlang‘an izzati nafsi hamisha «qora ohu ko‘zlarni» ko‘rishka o‘rganmish yurak ko‘zini xo‘rlik pardasi bilan yashirishg‘a tirishar edi. Voqia’n tug‘ilib erkalikdagina o‘skan, hayotning dag‘al muomalasidan begona, faqat uning chuchuk so‘zlarinigina tinglab kelgan Otabekka bu xo‘rlik turmishdan birinchi zarba edi. Shuning uchun Kumushka bag‘ishlang‘an yurak tugunini yeshilg‘an holda ko‘rar, go‘yo marvarid tugilgan harir ro‘ymol o‘g‘irliqdan so‘ng oyoq ostlarida bo‘m-bo‘sh yotqandek va egasi shu o‘g‘irlang‘an javohirotining alamini chekib turg‘andek edi. Uy egasi oshg‘a savzi bosib, Otabek yonig‘a keldi, ul boshqa hissiyot va fikrlarini vaqtinchag‘a unutib, o‘zini tetiklikka oldi. Uy egasi Otabek yonig‘a o‘lturar ekan, so‘radi: — Sizniki qayerda, mehmon? — Toshkanddan, mulla aka. — Ismingiz? Otabek manglayini qashib olg‘ach, javob berdi: — Shokirbek... — Marg‘ilong‘a birinchi kelishingizmi? — Birinchi kelishim... — Savdo vajhi bilan kelgandirsiz? — uy egasi Otabekning qiyofat va ust-boshidan savdogarga o‘xshat-qan edi. — Yo‘q... Man asli Qo‘qong‘a kelgan edim, ammo Marg‘ilonda otam tanishlaridan bittasida ozroq olasimiz bo‘lib, shu kishiga uchrashib ketayin, deb Marg‘ilong‘a o‘tkan edim, — Otabek o‘zining yolg‘on-lashidan o‘ng‘aysizlanib bir oz to‘xtab oldi: — bu kishining qayer-da turishi manga ochiq ma’lum emas edi va Marg‘ilonda boshqa tanishim bo‘lmag‘anliqdan va vaqtning kechligidan adashib qoldim... Uy egasi kuldi: — Nasibdan qochib bo‘lmaydi, Shokirbek; bu kun kechasi menga mehmon bo‘lishingiz bor ekan. Uchra-shaturg‘an kishingizning oti nima? — Komilboy... Uy egasi o‘ylab turdi-da: — Bizning bu yaqinlarda bunday kishi yo‘q, ehtimol nariga dahadadir, — dedi va turib oshig‘a qarab ketdi. Otabek o‘zining qip-qizil yolg‘onlashidan vijdoni oldida qizarindi. Ammo ul bir tomondan bunga majbur ham edi, chunki uning qutidor bilan qamalish va o‘lumga hukm etilish tarixi butun Marg‘ilong‘a mashhur bo‘lib, haqiqiy ismini yashirmay aytkanda, ehtimolki boshqa sirlarni ham ochmoqqa to‘g‘ri kelar edi. Uy egasi qozon yonig‘a ketkach, ul ham o‘rnidan turib havlig‘a tushdi. Ayvonning narigi yoni bilan sharqqa qarab kirilaturgan bir yo‘lak orqaliq bir boqchag‘ami, maydongami chiqi-lishini bilib shu yoqqa yurdi va kichikrak bir mevazorga chiqdi. Kechaning qorong‘ilig‘i ustiga mevalarning quyuq yaproqlari qo‘shilishib, bu maydon ayniqsa Ota-bekning hozirgi ko‘ngliga yaqinlashib kelar edi. Uning ko‘ngil mevasi bu kungi qora voqi’a bilan qanday o‘ralib, yo‘qolib ketgan bo‘lsa, bundagi daraxtlar ham o‘z mevalarini kecha rangi bilan bo‘yab, yashil yaproqlari ila ko‘mgan edilar, ya’ni bunda o‘skan daraxtlar qanday meva beradir — ajratish qiyin edi. Ul shu qorong‘izor bilan qo‘shilishib ketkandek va qorong‘iliqning quchog‘iga kira borg‘andek mevazorning ichkarisiga yuriy bordi. Va nihoyat butoqlari bag‘rig‘a solinib tush-kan bir daraxtning ostig‘a o‘lturdi va bu o‘lturishda uzoq fursat qotib qolg‘andek harakatsiz edi. O‘n besh daqiqalardan so‘ng ichiga yel qamalg‘an puvvakdek ufff etib yuborgach, o‘rnidan turdi. Boqchaning kunbotari bilan xarobazor imoratlarni yonlab yurdi. Otabek ayvong‘a qaytib kelganda, uy egasi oshni damlab bo‘lib ayvonda kutib o‘ltirmakda edi. — Otingizga ozroq johori berib qo‘ydim. — Rahmat, mulla aka, — dedi Otabek, uy egasi nimadir so‘zlamakchi bo‘lsa ham o‘ngg‘aysizlang‘an sumol Otabekka tikilib-tikilib qo‘ymoqda edi. — Kasbim to‘qug‘uchiliq, Shokirbek, — dedi uy egasi. Otabek so‘zni tugalmaganligini bilib, uning og‘zig‘a qarab turar edi: — Doim zaxda o‘lturib ishlaganimdanmi yoki o‘zimning tabi’atimda zaiflik bormi, ish qilib nima bo‘lsa ham ko‘p vaqtdan beri bedarmon tortib yuribman,— dedi va davom etdi, — goho ko‘krak ham og‘rib qo‘yadir. Yaqinlarda tabiblarga ko‘rsatkan edim, qoningiz oz, qimiz iching, xo‘rak oldidan maviz isti’mol qiling, deb kengash berdilar. Ularning kengashi bo‘yun-cha uch-to‘rt kun qimiz va maviz iste’mol qilib boqqan edim, voqi’an bir muncha foydasi ham ma’lum bo‘ldi. Sizga buni so‘zlab shuni aytmakchimanki, osh oldidan bir-ikki piyola maviz ichib yuborsam, albatta bunga sizning qarshilig‘ingiz bo‘lmas-a? — dedi va kuldi. — Qanday qarshilig‘im bo‘lsin, siz ma’zursiz. Uy egasi iljaygan holda hujraga kirib, o‘zining ta’biricha may emas, bir ko‘vacha mavizni olib chiqdi, toqchadan piyola olg‘ach, kelib Otabekning yonig‘a o‘lturdi. Mavizni piyolaga chulduratib quyar ekan, mehmonga yer ostidan mo‘ralab kulimsirab qo‘ydi. — Sizning ham ichkaningiz bormi? — Yo‘q. To‘g‘risi ham Otabek ichkulukdan qattig‘ hazar qilar va bu kungacha mayni o‘ziga dushman kabi ko‘rib kelar edi. Uy egasi quygan piyolasini simirib yuborg‘ach, sezdirmaslik qilib seskanib qo‘ydi va: — Aniq ichmaganmisiz? — deb yana so‘rag‘an edi, Otabek boshni chayqash bilan kifoyalandi. — Qattig‘ uzr bo‘lmag‘anda ichmagan ham ma’-qul,— dedi va ikkinchi piyolani to‘ldirar ekan, davom qildi,— lekin bu narsa bir tomondan kishining salomatligiga foyda bersa, ikkinchi jihatdan tiriklikning qayg‘u va alamlarini-da unutdirib turar ekan. Boshimg‘a o‘lguncha unuta olmasliq qayg‘u-hasratlar tushdi, Shokirbek. Ayniqsa keyingi yillarda o‘zimga hech bir qayerdan ovinchoq topolmay, nihoyat shu achchig‘ suv bilan ovinaturg‘an xolg‘a kelib qoldim, — dedi va uzoq tin olib to‘lg‘izg‘an piyolasini oldig‘a qo‘ydi. Ikkisi ham bir necha vaqt sukutda qoldilar. Ul ikkinchi piyolani ichkach, Otabekni diqqat bilan kuzatib chiqdi. — Agar yanglishmasam, siz ham bir oz qayg‘uliroq ko‘rinasiz mehmon, bir piyolani ichib yubormaysizmi? — Rahmat, mulla aka, — dedi Otabek, ammo o‘zida ta’rifi so‘zlanib o‘tilgan narsaga bir ehtiyoj seza boshlag‘an va o‘zini ham ma’zurlar qatorig‘a qo‘yayozgan edi. Uning bu holini uy egasi sezdimi yoki sinab ko‘rmakchi bo‘ldimi, haytovur, uchunchi piyolani to‘ldirib Otabekka uzatdi: — Qo‘limni qaytarmang, mehmon. Ikkimiz ham ma’zur ko‘rinamiz. Otabek uzrini aytib, piyolani olmay turg‘an edi, ul ham piyolani uzatqancha kulib turaberdi. — Man mavizni tamom shar’iy qilib tayyorlayman, tunov kun mahallamizning oxunlari ham halollig‘iga fatvo berib ketdilar. Otabek piyolani olishg‘a majbur bo‘ldi. Uy egasining aytkanidek maviz juda ham tiniq, yaxshi chiqg‘an ko‘kchoy kabi musaffo edi. Piyolaga uzoq qarab turmay ichib ham yubordi. Och qoring‘a tushkan o‘tkir may vijj etdirib me’dani qaynatdi-da, tomoq ostini lovullatmoq-qa oldi. Otabekka birinchi piyolani ichirg‘andan so‘ng, uy egasi oshni suzishka ketdi. O'tkan kunlar — 31. Baxt va baxtsizlik Oshni suzib keltirgach, mehmonni oshg‘a taklif qi-lishdan burun yana toqchadagi ko‘vachani olib bir pi-yolani to‘ldirdi va Otabekka uzatdi. — Iching buni ham, so‘ngra oshni yeymiz, — dedi. Bu gal uncha qistatishqa to‘g‘ri kelmadi, birinchi piyola bilan uning ko‘z o‘nglari jimirlashmakka va o‘zida bir yengillik his etmakka boshlag‘an va bu ikkinchi piyola go‘yo «meni ichsang tag‘in ham yengil tortasan», der edi. Otabekning ikkinchi piyolasidan so‘ng oshg‘a o‘lturdilar. Bitta «don» hazmini ham tasavvur qilmag‘an uning me’dasi ketma-ket tushib turg‘an luqmalarni e’tirozsiz qabul qilmoqda edi. Bunday ishtihoni, ehtimolki, ul o‘z umrida birinchi martaba ko‘rgandir. Tomoq orasida uy egasining bergan savollariga yaxshi javob berganidek, o‘zi ham ba’zi so‘zlarni to‘qib yubormoqda, boyag‘i oz so‘zliliklar o‘rnini ezmalik bo‘lmasa ham mo‘’tadil bir hol olg‘an edi. Oshdan so‘ng lagan va dasturxonni yig‘ishtirib olg‘uchi uy egasiga sarxush va qizarg‘an ko‘zlari bilan uzoq qarab qo‘ydi. Bu qarash unga minnatdorliq va tashakkur qarashi edi. Uy egasi Otabekning yonig‘a ikkita yostiq olib qo‘ydi va bittani o‘z yonboshig‘a ham oldi. — Yonboshlangiz bek, — dedi, boshlab o‘zi yonboshladi. Otabek ham unga ergashdi. Ikkisining orasidag‘i sham’ yel bilan o‘ynashibg‘ina nur separ, ikkisi ham so‘z qo‘yishqandek sham’ga ko‘z tikib qanday o‘yg‘adir berilgandek ko‘rinar edilar. Bir necha vaqtdan so‘ng uy egasi ko‘zini sham’dan oldi va yer ostidan Otabekni kuzatkach, so‘radi: — Uylanganmisiz, bek? Otabekning kayfi kuchlikmi edi yoki so‘zni onglamay qoldimi, haytovur shu onda javob berolmadi. — Uylanganman. So‘rag‘uchi bir oz to‘xtab olg‘ach, yana so‘radi: — Xotiningizga muhabbatingiz bormi? Otabek bu savol qarshisida garangsib qolg‘andek bo‘ldi, voqi’an orag‘a og‘ir savol tushkan edi, bilintirmaslik qilib uflab oldi. — Muhabbatim yo‘q. — Yaxshi ekan, — dedi uy egasi. Otabek uning bu so‘ziga tushuna olmay, «nega?» degandek qarab turar edi. — So‘zimga ajablandingiz shekillik? — Yo‘q, — dedi Otabek, lekin uning taajjubi uy egasiga ochiq ko‘rinib turar edi. — Balki muhabbat baxtlik kishilar uchun yaxshidir, lekin o‘z tajribamcha, baxtsiz kishi uchun badbaxtlikdir. Masalan, siz agar chindan ham xotiningizg‘a muhabbatsiz bo‘lsangiz, o‘zingiz ham iqror qila olasiz: uyga kirsangiz xotiningiz bordek, ko‘chaga chiqsangiz yo‘qdek, bas, sizga xotinning og‘irlik va yengilligi birdak. Shundoq emasmi? — Shundoq, — dedi Otabek, ammo muhabbat to‘g‘risida so‘zlangan bu so‘zlar uning kayflik ko‘zini ocha yozdilar. Uy egasi davom qildi: — Men bu so‘zlarni o‘z holimdan chog‘lab aytaman, ehtimolki men yanglisharman, — dedi va uzoq tin olg‘ach, so‘radi: — Siz uylanganda o‘zingiz yoqtirib uylandingizmi yoki oradag‘ilarning yoqtirishlari bilanmi? Otabek so‘rag‘uchining qanday muddaosi borlig‘ig‘a tushunmay qoldi. — Onamning yoqtirishi bilan. — Barakalla, — dedi uy egasi va, — manimcha, hamma balo o‘zing ko‘rib, suyib uylanishda, — dedi va eshitkuchisi kutmagan joyda sukutka ketdi. Otabek bir ko‘ynakni o‘zidan burun yirtkan kishi to‘g‘risida go‘yo o‘z sarguzashtining eski tarixini mulohaza qila bosh-lag‘an, qarshisida o‘lturg‘uchini-da, qayin ota eshigidan quvlang‘an kishi deb bilgan edi. Qayin otang sani ham quvladimi, deb aytmasa ham shunga yaqin bo‘lg‘an «suygan xotiningiz sizni tashlab ketdimi?» degan savolni berdi. Uy egasi boshini chayqadi: — Tashlab ketishka — ketdi, lekin o‘z ixtiyoricha emas, — dedi. Otabek bu so‘zdan so‘ng buning ham qayin otasi yoki qayin onasi tomonidan zulm ko‘rganiga ishong‘an edi. — Yomon odamning yuzi qursin, — deb qo‘ydi, bu so‘z uy egasiga tushunarlik bo‘lmadi shekillik, Otabekka savol nazari bilan qarab oldi. — Ezmalik bo‘lsa ham boshimdan o‘tkanlarni so‘zlab beraymi, mehmon? — dedi. O‘z sarguzashti bilan farqsizg‘a o‘xshab ko‘ringan bu hikoyani eshitishka uning ishtiyoqi ortqan edi: — Siz so‘zlamasangiz-da, men so‘zlatmoqchi bo‘lib turar edim. — Manim sarguzashtimda siz kutkan qiziqliq yo‘q. Lekin shunday bo‘lsa ham so‘zlab berayin, — dedi va yostiqni ko‘kragiga qo‘yib olg‘ach, hikoyasini boshladi: — Men o‘zim asli qo‘qonliqman. Ota-onamdan yoshliqda yatim bo‘lib, tog‘amning qo‘lida o‘sdim. Yoshim 17—18 larga borg‘andan so‘ng o‘z kunim o‘zimga qolib, bir o‘rtog‘imning kengashi bilan bundan yigirma yillar burun Marg‘ilong‘a kelib, bu kungi ustakorimning otasig‘a to‘quvchiliq hunariga shogird tushdim. To‘rt yil chamasi qilg‘an xizmatimdan so‘ng haligi ustakorga xalfa bo‘lib ishlay boshladim. Boshqa yigitlardek ortiqcha o‘rinsiz sarflarim bo‘lmag‘ani uchun oz zamon ichida uch-to‘rt tilla pullik ham bo‘ldim. Ishimga ixlos bilan qarag‘anim uchun maning to‘qug‘an ishlarim o‘zgalarnikidan qadrlik yurar va xalq orasida ham otim «usta Alim kichkina» bo‘lib shuhratlangan edi. Ma’lumki, bofandalar oldig‘a ko‘pincha xotin-qizlar kelib, yangi nusxa qidirib yuriydirlar. Maning to‘qug‘an ishlarim va chiqarg‘an nusxalarim hammaga maqbul, ayniqsa xotinqizlar uchun mashhur bo‘lib, har doim to‘quv do‘konim yonidan xotin-qizlar ayrilmas edilar. Kunlardan bir kun hali kishidan qochar darajaga yetmagan o‘n uch-o‘n to‘rt yoshlar chamaliq do‘ndiqqina bir qiz kelib, men chiqarg‘an yangi nusxa shohidan so‘radi. Qizning so‘rag‘an nusxasi to‘qilib va sotilib ketkan edi. Shuning uchun «yo‘q» deb javob berdim. Qiz ko‘zini jovdiratib turib, «maning uchun to‘qib berolmaysizmi?» deb so‘radi. Men qizning yuziga qarab, «mumkin emas opa, bir kiyimlik shohi deb nusxa bo‘yash og‘ir», dedim. Qiz so‘zni aylantirib mendan va’da olishg‘a tirishar edi. Men so‘z orasida yana unga qarab oldim. Yonimdag‘i xalfalardan bittasi qizg‘a o‘la, «to‘qib bering, usta, opani xafa qilmang!» deb qo‘ydi. Uchunchi qarashda o‘zimda qizg‘a qarshi bir yaqinliq his etkan, unga uzoqqina qarab qolishg‘a majbur bo‘lg‘an edim. Garchi qiz aytkan nusxani tayyorlash og‘ir bo‘lsa ham qandaydir bir kuch ta’sirida haligi qizg‘a va’da berib yuboribman. Ul chiqib ketkach, qanday va’da berganimni o‘ylab ko‘rib, va’da kuni kelsa to‘quy olmadim derman, degan so‘zni ko‘nglimdan o‘tquzdim, lekin qizning gunohsiz o‘ynab turg‘an qora ko‘zlari, qizil olmadek taram-taram yuzlari hamon ko‘z o‘ngimda ko‘rinib turar edilar va «maning uchun to‘qib berolmaysizmi?» so‘zi quloq ostimda takror aytilgandek bo‘lar edilar. Bir necha kun shu yo‘sun ikkilanib yurg‘ach, niho-yat o‘zimga tushunilmagan bir savq ostida va’damni ifoga ham boshlabman, bir kiyim shohi, deb o‘ttuz kiyim bo‘laturg‘an ipakni bo‘yash, tanda, arqoq, go‘la mashaq-qatlari ko‘zimga hech ko‘rinibdir. Va’damdan ikki kun ilgariyoq shohini to‘qib, uning kelar yo‘lini poylar edim, ul kelmas edi. Nihoyat va’da kuni ham kelib o‘tdi, kel-madi. Sizga shuni ham aytib qo‘yayki, bir ko‘rgan kishingizning tusini albatta uzoq fursat xotiringizda tutolmaysiz, lekin bu qiz to‘g‘risida man tamom boshqacha holatda bo‘ldim: shundoqki, uning qoshini, ko‘zini, tusini, qo‘g‘urchoqdek qaddini ko‘z o‘ngimda tuta-tuta tamom bir yillik bilishlardek bo‘lib qolibman. Uning tovush ohanglari qulog‘im xotirasida u daraja yaxshi saqlanmag‘an bo‘lsa-da, ammo «maning uchun to‘qib berolmaysizmi?» so‘zini hozirg‘ina eshitkandek bo‘lar edim. Va’da kunidan uch-to‘rt kun o‘tib ketkan bo‘lsa ham hanuz ul kelmas edi. Men uning ko‘chasini so‘rab qolmag‘animdan xafa bo‘lar edim. Chunki, shohini o‘zim eltib berishka ham endi hozirlanib qolg‘an edim. Bu kutish kunlarimda na uchundir yonimdag‘i xalfa shogirdlar bilan bo‘laturg‘an muomalalarim ham o‘zgara boshlag‘an, ya’ni so‘zlarim dag‘al va tundlikka aylangan, go‘yo buning ila Alining kekini Validan olar edim. Nihoyat va’daning beshinchi kuni qiz keldi. Qizni ko‘rish bilan men borliq-yo‘qliq holatda qolg‘an, bir necha zamon maning uchun so‘z topish ham qiyinlashqan edi. Qiz shohini so‘ramay menga termulib turar edi. Uning minnatdorchiligini faqat shohi bilan olmoq-chi bo‘lg‘anim uchun bu hol menga og‘ir keldi. «Nega va’daga kelmadingiz?» dedim. Qiz o‘ng‘aysizlanib, gunohkorlarcha ko‘zini yerga tikkani holda so‘radi: — Shohini sotib yubordingizmi? Yonimg‘a qo‘yib o‘lturg‘an shohini qizg‘a uzatdim. Ul shohining orqa-o‘ngini ag‘darib ko‘rdi va: «Yaxshi to‘qibsiz», deb menga umidsizcha qarab qo‘ydi. Shohini menga berib qo‘lidagi mayda chaqalarni oldimg‘a to‘kdi. — Shohingiz qancha pullik? Men javob o‘rniga chaqalarni sanab chiqdim, bitta oltmish pullik tangasidan boshqasi bir pullik, besh pullik zang bosqan chaqalar bo‘lib, ko‘p vaqtlardan beri yig‘ilib kelganligi ma’lum edi. Bergan puli shohining yarim bahosini qoplar-qoplamas bo‘lg‘anlig‘ini aytdim. — Tag‘in qancha kerak? — deb so‘radi. — Uch tanga, — dedim. Qizning o‘ychan yuzini yana qayg‘u bosdi. Men uning yuzidan katta husndor qizlarda ko‘riladigan bir ulug‘liq tomosha qilar edim va uning o‘z va’dasiga kela olmag‘anlig‘i sirrini onglar edim. Bu yosh farishtani bu holda qoldirishg‘a ko‘nglim bo‘lmadi va dedim: — Qolg‘anini qachon olib kelasiz? — Bunga ham tez javob bermadi va javobsizlik bilan yana o‘z holini menga arz qilg‘andek bo‘ldi. — Pul topqanda keltirasizmi? — dedim-da, uning javobini kutmay qo‘liga shohini tutqazdim. Qiz menga ishonmay boshlag‘an edi: — Menga ishonasizmi? Men ishonch bildirib o‘lturmadim: — Uyingiz qayerda? — Ch... mahallasida. — Kimning qizisiz? — Sharif miltiqchining qiziman. — Otangiz qarib qolg‘anmi? — O‘lgan. Onam bor. — Akangiz yo‘qmi? — Yo‘q. Bitta kichkina o‘g‘ul ukam bor. — Ismingiz nima? — Saodat. Shundan so‘ng Saodatni shohi bilan jo‘natib yubordim. Saodat maning bu ishimga ishonmayg‘ina chiqib ketdi. Xalva shogirdlar: «Tuziksiz-ku usta», deb menga piching otishdilar. Ammo men Saodat uchun har bir og‘irliqni ko‘targundek ko‘rinar edim... Uy egasi bo‘lg‘an usta Alim hikoyasini to‘xtatib, Otabekdan so‘radi: — Hikoyam uzayib ketdi shekillik, zerikdingizmi? Otabek uni ortiqcha bir e’tibor bilan eshitar edi, sarxushchasiga: — So‘zlay beringiz, — dedi. Usta Alim davom etdi: — Menga uch tanganing ahamiyati yo‘q edi. Ammo Saodat bilan bog‘lanib turishim uchun bu uch tanga ming tanganing ishini qilar edi. Oradan o‘n kunni o‘tkuzib, uch tanga bahonasi bilan Saodatning uyiga bordim. Saodat xolasining uyiga ketkan ekan, onasig‘a o‘zimni tanitib, devor orqaliq anchagina so‘zlashdik: eri o‘lib erkaksiz qolg‘andan, ip yigirib ovqat o‘tkarganidan va qizining kengashmasdan shohi buyurg‘anidan hasrat qilib ketdi; so‘zining oxirida yana bir hafta kutib tu-rishimni iltimos qildi. Bir haftadan so‘ng aloqani uzib qo‘yish maning tinkamni quritaturg‘an bo‘lg‘ani uchun ishni boshqa rejada yurgizmakchi bo‘lib aytdim: — O‘zingiz ip yigirib, kun ko‘rib turgan bo‘lsangiz, sizga uch tanga emas, uch pul berish ham og‘ir ekan, agarda sizga ma’qul bo‘lsa ko‘nglimga bir gap keladir, shundoq-ki, siz erkaksiz bo‘lg‘aningizdak, men ota-onasiz yolg‘iz yigitman.. Ko‘pincha kir yuvdirish va yirtiq-yamoq vajhlaridan qiynalaman. O‘sha sizdagi pul evaziga bir necha vaqt kir-pirimga qarab, yirtiqyamog‘ imni yamab bersangiz, qandoq bo‘lar ekan... Kampir bu so‘zimni mamnuniyat bilan qabul qildi va ertasi kunga kirlarimni olib kelish uchun Saodatni yubormoqchi bo‘ldi. Shundoq qilib bu kun bog‘lanishni yaxshi asoska qurib qaytdim. Ertasiga Saodat kelib kirlarimni olib ketdi. Uch kundan so‘ng yuvilgan kirlarni keltirib, to‘quv do‘konimning yonida anchagina qarab o‘lturdi. Men uning kelishi uchun har hafta panjshanba kunini belguladim. Kundan-kun Saodatka qattig‘roq bog‘lana borg‘animni onglar edim, panjshanbani hayit singari qarshilar edim. Oradan uch-to‘rt hafta o‘tkandan so‘ng qo‘lig‘a «oyingga eltib ber» deb yigirma-o‘ttiz chaqa pul ham berdim. Saodat bilan aloqa qilg‘animning to‘rtinchi oyida ramazon hayiti keldi. Fitir ro‘za bahonasi bilan Saodat uchun sakkiz tepki xon atlas, onasi bilan ukasiga bo‘z ko‘ynak qilib, Saodatlarning uyiga o‘zim chaqirib bordim. Saodat meni yo‘lakdan qarshiladi va gunohsizcha qo‘limdan tutib ichkariga boshladi. Men: — Saodat, esingni ye-dingmi, onang mendan qochmaydimi?— dedim. Saodat tortishida davom etib: — Qochmaydi, o‘zi menga ustakang kelsa qochmayman, degan. Men Saodatning yo‘lboshchilig‘i bilan ichkariga kirdim. Ayvonning oldida Saodatning onasi ip yigirib o‘lturar ekan, qizining qo‘lida begona yigitni ko‘rgach, hayron bo‘lib qolg‘an edi. Saodat meni havlining o‘rtasida qo‘yib onasining oldig‘a yugurdi va: — Ustakam-ku! — dedi. Onasi nari-berida dakanasini tuzatib o‘rnidan turdi. Salomalikdan so‘ng so‘rashdiq. Saodat tegimga ko‘rpacha yozdi, men qo‘ynimdag‘ini olib o‘rtaga qo‘ydim. Fotihadan so‘ng bir oz yotsirashib, uyalishib ochilisholmay qoldiq. So‘ngra kampir Saodatning manim to‘g‘rimda aytaturgan so‘zlaridan muqaddima qilib dedi: — Saodat sizni xudda o‘z akasidek yaxshi ko‘radir, tunov kun iroqi sobun olg‘il, deb o‘ttuz pul bergan ekansiz. Sobunni olib kelgach, yotib uyqusi kelmadi, voy ustakamdan aylanay, voy ustakamning umrini xudo baxtimga uzun qilsin, deb butun tongni tong otdirib duo qilib chiqdi. Bu so‘zni kampir so‘zlar ekan, men o‘ng‘aysizlanib ketib yer ostidan Saodatka qarab qo‘ydim. Saodat qizarib-bo‘zarib chetka burilib olg‘an edi. Kampir davom etdi: — Munchalik bizning holimizg‘a qayish-g‘aningiz uchun besh vaqt namozning oldida men ham haqqingizga duo qilishni unutmayman va hafta sayin qilib turg‘an marhamatingizni ko‘rib o‘ylayman: xudo bandasiga mehribon, holimizning rahmini yeb saxovatlik bu yigitni bizga uchratdi deb, ko‘nglingizdagi har na tilagingiz o‘ziga ayyondir. Siz yatimlarning rahmini yesangiz, sizning g‘amingizni o‘zi yesin. Kampir bir uflab olg‘ach, dedi: — Manglayim sho‘rlik ekan, bolam, Saodatning Qayumjon otliq bir akasi bor edi, yoshi yettiga chiqib, otasi rahmatlik endigina to‘y qilaman deb turg‘anda, qizamiq degan bir falakat kasal bilan og‘rib dunyodan o‘tdi, buning ustiga Saodatning otasi ham marhum bo‘lib bizlarni ora yo‘lda qoldirib ketdi. Loaqal shu bola bo‘lg‘anda ham edi, biz bu yo‘sun og‘ir kunlarga qolmasmi edik, deb o‘ylayman, — ko‘z yoshisini artib so‘zini bitirdi. — Bandasining qo‘lidan kelaturgani oh-vohdan nariga o‘ta olmas ekan, bolam!.. Men ko‘ngil ko‘targan bo‘ldim: — Oldingizda yosh bo‘lsalar ham qizingiz va o‘g‘lingiz bor ekan, bu kun bo‘lmasa ertaga axir siz ham yorug‘liq kunga chiqib qolarsiz, ona, — dedim va kelturgan narsamni kampirning oldig‘a surib: — Shu arzi-mag‘an narsani Saodat bilan ukasiga hayitlikka olib kelgan edim, bu aybim uchun albatta mendan koyimassiz, dedim. — Odamgarchilig‘ingizdan o‘rgulay, — dedi kampir va og‘zig‘a kelgan so‘zlar bilan duo minnatdorchilik qila boshladi. Boyag‘i so‘zdan keyin uyalg‘anicha bizdan uzoq-roqda o‘lturgan Saodat sekingina bizning yong‘a keldi va qog‘ozg‘a o‘ralg‘an kiyimlikni ochib atlasni oldi. «Bu mengami?» deb mendan so‘radi va javobimni kutib ham turmay yo‘llik bo‘zni oldi. «Bu Sayfiga», dedi. Uning orasidag‘i odimi bo‘zni ko‘rub: «Bu oyimga», dedi. Saodat bu narsalarni juda oddiy qilib ko‘rdi va soddacha haligi so‘zlarni aytib qo‘ydi. Go‘yo bu narsalarni ilgaridan kutkan edi. Atlasni yaxshilab ko‘rib chiqg‘ach, yoqtirg‘andek bo‘ldi, bir menga va bir atlaska qarab turib nimadir aytmakchi bo‘lsa ham aytalmadi. Men nima demakchi bo‘lg‘anlig‘ini sezgan edim. Bu orada biz kampir bilan hasratlashib turg‘an edik, ul kelib so‘zni bo‘ldi: — Ustaka, — dedi, men qaradim. — Ro‘zamisiz? — Ro‘zaman. — Ro‘za bo‘lmasangiz choy qaynatar edim, — dedi. Onasi kuldi. — Choyni hayitda kelganimda qaynatib berarsan, — dedim. — Hayitda kelsangiz osh ham qilib berar edim, — dedi va onasig‘a qaradi. — Akangga har narsa qilsang ham arziydir, qizim,— dedi kampir va na uchundir ko‘ziga yosh oldi, men ham arang ko‘z yoshimni to‘xtatib qoldim. — Bo‘lmasa bu kun iftor qilaqoling. — Saodatning bu so‘ziga onasi ham qo‘shilishdi. Men uzr aytdim. Lekin haqiqatda esa, Saodat bilan birga o‘lturib iftor qi-lishni ko‘ngil istay boshlag‘an edi. Uzoq so‘zlashib o‘lturdim, bu uydan chiqib ketkim kelmas, bir soat orasida tamoman ochilib-sochilib ketkan Saodatning bolalarcha qilig‘ini ko‘rib to‘ymas edim. Saodat goh men bilan, goh atlas bilan mashg‘ul, boyag‘i uyalib turishini bir yoqqa yig‘ishdirib qo‘yg‘an, onasi bilan meni kuldirib, ancha-gina ko‘tarilib qolg‘an latif ko‘kragi ustiga «senginadan aylaniy!» deb atlasni bosib quchoqlar edi. Men bo‘lsa go‘yo atlas emas, quchoqlang‘uchi o‘zim bo‘lg‘andek kayflanar edim. Men kampir bilan xayrlashib chiqa boshlag‘an edim, Saodat «Panjshanba kun boraymi», deb so‘radi. Men kampirning oldig‘a qaytib bordim-da, aytdim:— Saodatingizning bo‘yi cho‘zilib qolg‘an ko‘rinadir, mundan so‘ng maktabdan bo‘shag‘an vaqtida Sayfini yuborsangiz qalay bo‘lar ekan va qo‘lim bo‘shag‘an kezlarda o‘zim ham kelib turarman, — dedim. Go‘yo kampir ham mendan shu so‘zni kutib turg‘an ekan, hamiyatimga va aqlimga tahsin o‘qudi va qizig‘a qaradi. «Ana, eshitdingmi ustakangning so‘zini, endi vaqt-bevaqt ko‘chaga ham chiqaberma!» dedi. Men chiqaturib Saodatka qarag‘an edim, mendan o‘pkalagansumon ko‘rindi. Ammo maning bu so‘zim bekorga emas, balki xalfa shogirdlardan ba’zilarining unga yomon ko‘z bilan qarag‘anlarini payqag‘anim uchun edi. Shu yo‘sunda Saodatning onasi ham mendan qochmay qo‘yib, aloqamiz tag‘in ham qattig‘lashdi. Kutmagan bu muvaffaqiyatim bir necha kungacha ko‘zimdagi uyquni ham qochirib qo‘ydi. Uch-to‘rt kun go‘yo bu kun-erta Saodatka uylanaturg‘an kabi hovliqib ham yurdim. Uncha-muncha narsani ayamag‘anim uchun bo‘lsa kerak, tez zamonda go‘yo Saodatlar oilasining boshlig‘i holini olib qoldim. Jum’a kunlari masallig‘ni ko‘tarib Saodatlarnikiga borar, Saodatning qo‘lidan osh qildirib yeb qaytar edim. Saodat kundankunga o‘sib borar, shu nusbatda husniga husn qo‘shilar va men battar uning maftuni kesilar edim. Shu holda oradan ikki yil chamasi fursat o‘tib ketib, Saodat ham o‘n olti yoshlarg‘a yetib qoldi. Endi maning oshiqona termulishlarim ma’nosini ongliy boshlag‘an, negadir «aka» deb qilaturg‘an xitob-larnida tark etkan edi. Ikki yildan beri kampirning oldig‘a sovchi kirguzishni o‘ylab kelgan bo‘lsam-da, ammo nima uchundir Saodatdek qizg‘a uylanish baxtiga erishmakni o‘zimga tasavvur qilolmas edim. Bu to‘g‘rida bo‘lgan hamma umidim Saodatning onasidan edi, balki o‘zi so‘z ochar va yokim orag‘a kishi qo‘yar, deb kutar edi. Orag‘a boshlab o‘zim sovchi qo‘yishdan o‘ngg‘ay-siz-lanar, to‘g‘risi o‘zimga tushunilmagan bir xavf ostida bu jasoratdan mahrum edim. Bir kun odatimcha Saodatlar uyiga borg‘an edim. Osh-suvdan keyin kampir Saodatni o‘choqboshi yumishiga yuborib, menga qarab kuldi: — Saodatka bir yaxshi joydan kuyav chiqib qoldi. Kecha unashsak unashkundek ham bo‘lg‘an edik, biroq sizning maslahatingizni olayin, deb sovchilarni qay-tardim, — demasinmi, ustimdan bir chelak sovuq suv quyg‘andek entikdim, qanday javob berishka tilim kelmay qoldi. Uzoq vaqt kesak kabi harakatsiz qolg‘ach, kuch orqasida tilimni bazo‘r shu so‘zga harakatlantirdim: — Joyi yaxshi bo‘lsa, o‘ylab ko‘rish kerak... Kuyavning kimning o‘g‘li bo‘lg‘anlig‘ini va qanday kasb qilishini sharh qila boshlag‘an edi, sabrim tamom bitdi: — Undog‘ bo‘lsa, kecha sovchilarni bekor qaytaribsiz,— dedim. Kampir manim bu kinoyamga tushunmag‘an edi: — Kuyavning tegi-taxti menga ma’qul bo‘lishka bo‘ldi-ya, faqat endi ish sizning kengashingizga qarab qoldi, siz Saodatka ota bo‘lmasangiz ham lekin otaliqdan yuqori ishlarni qilib kelasiz. Endilikda Saodatni uzatishda ham otalig‘ingizni ayamangiz, — dedi. Bu so‘z bilan yana o‘lganning ustiga chiqib tepilgandek bo‘ldim.Chayon kabi meni zaharlamakda bo‘lg‘an kampirning to‘g‘ri so‘zini eshitib turishka ortiq to‘zalmadim-da, ertagacha o‘ylab javob berishni aytib kampirning oldidan chiqdim. Chiqg‘ach, oyog‘i kuygan tovuqdek to‘rt tomong‘a yugura boshladim. Epaqalik bir gap esimga kelmas edi. Nihoyat, aqlimni boshimg‘a yig‘ib, sirrimdan voqif bir oshnamg‘a kengash soldim. Ul uzoq o‘ylab turmay, ertasi kunga tomonimdan sovchi bo‘lib kampirning oldig‘a bormoqchi bo‘ldi. Lekin butun tuni bilan ko‘zimga uyqu kelmay, tikanga ag‘nag‘an kabi azoblanar edim va sustligim uchun o‘z-o‘zimni so‘kar edim... Usta Alim hikoyasini bu yerga yetkuzgach, sham’-ning so‘xtasini miqroziladi va og‘zini poylab turg‘uchi Otabekdan «zerikmadingizmi?» deb so‘rab olib, davom etdi: — Sovchini yuborib tinchiy olmadim, ishka qo‘lim bormas va bir joyda to‘xtab turolmas, u yerdan turib bu yerga o‘lturar, ming turlik xayol bilan dovdir sifatiga kirgan edim. Yuborgan kishim tezda qayta bermagach, bir-ikki bora Saodatlar eshigi yonig‘a borib keldim. Nihoyat, miyam shishib Saodatning uyi yaqinida bo‘lg‘an bir yong‘oqning soyasida o‘lturg‘an edim, sovchim chiqib qoldi-ku: yuragim orqamg‘a tortib ketdi. Va olding‘a tushib yuriy berdim, chunki sovchig‘a uchrashib haqiqatni onglash ham menga dushvor mushkul kelgan edi. — Shoshma-shoshma, ho, kuyav! — dedi sovchim. Hazilmand bo‘lg‘ani uchun ishning chappa ketkaniga ishong‘an, uning bu «kuyav» degan so‘zini kinoyaga yo‘yg‘an edim, ketaberdim. Ul orqamdan tez yurib yetdi: — Qani, to‘nni yesh! — dedi va to‘nimni o‘ziga torta boshladi. — Yuragim yorilishg‘a yetdi, hazillashma! — dedim. Haqiqatan so‘zi chin ekan, og‘zidan o‘pdim. Jiq to‘lg‘an ko‘z yoshimdan ham uyalib turmadim. Sov-chim yo‘l bo‘ylab kampir bilan bo‘lg‘an hikoyasini so‘zlab ketdi: Saodatka bir yildan beri har kun deyarlik sovchilar qatnar, kampir hammasiga ham boshi bog‘liq, deb javob berib kelar ekan. Shuning barobarida maning og‘zimni poylar yoki kishi qo‘yishimni kutar ekan. Nihoyat, bir tarafini chin va bir tarafini so‘z olish muddaosi bilan kechagi so‘zni menga aytgan va shunga qarab ish qilmoqchi bo‘lg‘an. Uzun so‘zning qisqasi kampir-ning javobi: bir qizim emas, yuz qizim bo‘lg‘anda ham usta Alimga nazir tortdim — bo‘libdir. Terimga sig‘mas edim; ikki yillik yurak dardim nihoyat hoziqini topqan edi. Bir necha kun uyalib kampirning oldig‘a bormay yurgan edim, o‘g‘li orqaliq yo‘qlatdi. Bordim. Lekin borishimdag‘i sezgularimni sizga bu til bilan tushuntirolmayman. Men borliq yo‘qliq eshikdan kirganimda, Saodat kir yoyar edi. Meni ko‘rgach, qizarinib ketdi va yoyilg‘an kir ortig‘a yashirinar ekan, shahlo ko‘zlaridagi sezilar-sezilmas tabassumning farqig‘a bordim. Kampir bilan uyalishibkina to‘y to‘g‘rilarini so‘z-lashdik. Kampir ortiqcha takalluflar qilishg‘a yo‘l qo‘ymasa ham, ammo o‘zim Saodatning ko‘ngli o‘ksimasin uchun to‘yni katta qilishg‘a tarafdor edim. Kampir bilan to‘y va nikoh kunlarini muqim qilg‘ach, men ketishka turdim. Saodat kir yonida menga bir ko‘ringandan so‘ng, qaytib ko‘rinmagan edi. A, men bo‘lsam yana uni bir ko‘rmakchi va o‘ziga bir-ikki og‘iz so‘z aytmakchi edim. O‘choqboshida qozon yuvar ekan, to‘g‘ri oldig‘a yurib bordim. Ul meni sezmadimi yoki sezsa ham bilmaganga solindimi, haytovur orqasi o‘gurug‘liq engashkan holda ishka mashg‘ul edi. Bir o‘rim bo‘lib tushkan uzun qo‘ng‘ur sochi uning harakati bilan qo‘ltug‘i ostida o‘ynoqlar edi. Anchagina orqasidan tamosho qilib turg‘ach: — Saodat, — dedim. Qaradi. O‘choqda yong‘an olov issig‘idanmi yoki uyatidanmi uning yuzi qip-qizil olma edi. Qo‘lidagi sochig‘i bilan oldimg‘a yaqin kelib to‘xtadi. — Eshitdingmi, — dedim. Yerga qaradi. Uni ortiqcha uyaltirmas uchun eshikka qarab yuriy boshladim-da: — Maylimi? — deb so‘radim. Javob o‘rniga: — Osh yemay ketasizmi? — dedi. Bu uning ikkinchi turlik qilib aytilgan «mayli» javobi edi. Bir bugina emas, qirq yillik qadrdon xotin tomonidan eriga qilinaturg‘an mehribonchiliqning eng lazzatlisi edi. Chiqar ekanman, «Osh yemay ketasizmi?» so‘zining kayfiga tamom mas bo‘lg‘an edim. Usta Alim shu so‘ngg‘i so‘zlarini aytib bitirar ekan, Otabekning qoshlari chimirilib, go‘yo o‘zining ham shu yo‘sun xotiralarining abadiy qaytib kelmaslik — yo‘qliqg‘a chiqqanlig‘ini yana bir karra onglar edi. Usta Alim davom etdi: — O‘n kun orasida hozirlikni bitirib to‘y qildiq. Nihoyat, Saodat meniki bo‘lib, saodatlik kunlarim boshlandi. Saodatka bo‘lg‘an muhabbatim bir daraja sizga ma’lum bo‘lg‘anliqdan u kunlardagi mas’udiyatimni ham shu o‘lchavg‘a solib bila olasiz. Rafiqam Saodat chin sa’ida edi. Bu yil o‘zimga kutmagan darajada bir kuch va istiqomat ortdirib, to‘y bilan tugalgan boylig‘imni qaytarg‘an edim. Turishka Saodatlar uyi ortiq torliq qila boshlag‘anliqdan shu havlini (Jannat opa havlisig‘a ishora qilib) hozirg‘i qo‘shnimizdan sotib olishg‘a muvaffaq ham bo‘ldim. Qayin onam, qaynim va eru xotin shu havlig‘a ko‘chib kelib tura boshladiq. Kundan-kunga Saodatka bo‘lg‘an muhabbatim oshqandek kasbim ham unumlik bo‘la boshlag‘an, uylanishim-ning ikkinchi yili haligi qo‘shnimizdan o‘zingiz ko‘rgan boqchani ham sotib olg‘an edim. Uylanishimning uchunchi yili Saodat yuklik bo‘ldi. Eru xotin birimiz ota va birimiz ona bo‘lmog‘imizni o‘ylab quvonar edik. Kechalari yotib uyqumiz kelmas edi. Nihoyat, Saodatning oy-kuni yaqinlashdi... — Usta Alim uzoq tin olishdan so‘ng davom etdi: — ... yaqinlashdi... lekin abadiy baxtsizlik kunlarim, manhus soatlarim ham yaqinlashdi... — dedi va so‘zdan to‘xtadi. — Davom qilingiz, — dedi Otabek, usta Alim bir uflab olg‘ach: — Saodat boladan qiynalib uch kungacha azoblandida, to‘rtinchi kuni o‘ldi, — dedi. Otabekning kayfi tarqag‘andek bo‘lib, ko‘zlarini zo‘raytirib ochdi va o‘zini yostiqdan olib o‘lturg‘ach, so‘radi: — O‘ldi?! Usta Alim ko‘z yoshisini artib: — O‘ldi, — dedi va davom etdi: — dunyog‘a kelib ko‘rgan birdan-bir quvonchimdan ayrilg‘an edim. Hayotning hamma umrimga kifoya qilarliq mudhish zarbasini shodliq ichida qarshilag‘an edim. Oylar bo‘yincha ko‘z yoshimni yomg‘ur kabi to‘kdim. Chunki menga bundan boshqa bir ovinchoq qolmag‘an edi. Ko‘z yoshlarimning tiyilmag‘anini ko‘rgan qayin onam Saodatning vafotining ikkinchi yili meni zo‘rlab uylantirdi. Lekin bu ikkinchi xotin menga Saodat bo‘lolmadi. Haqiqatan saodatim ko‘milgan edi. Keyingi yillarda futurdan keta boshlag‘an qayin onam qizidan yigirma oy so‘ng, o‘n bir yoshliq o‘g‘lini menga tashlab dunyodan o‘tdi. Qayin onamning vafotidan so‘ng, biylik o‘z qo‘lig‘a qolg‘an keyingi xotinim fahsh suratda ro‘zg‘orimni to‘zita bosh-ladi. O‘g‘riliqcha va to‘g‘riliqcha qimorboz akasiga in’om qilishg‘a kirishdi. Kundan-kunga ishim keyin ketib, ishlaganim ro‘zg‘orga uchurvoq ham bo‘lmay boshladi. Yomon xotinning shum qadami bilan uyimdan baraka ko‘tarilganligini va barcha barakalarimni rafiqam Saodat bilan birga ko‘milganligini onglab, keyingi xoti-nimni taloq qildim. Endi uchunchi yildirki, xotinsiz yashayman va uylanishni ham o‘ylab ko‘rmayman. Chunki marhuma Saodat bilan kechirgan kunlarimning totli xotiralari menga abadiy lazzat bag‘ishlag‘anlaridek, ham achchig‘-achchig‘ yig‘latadirlar. Uylanishimga kengash berguchi o‘rtoqlarimg‘a: — Men endi dunyodan o‘tkan kishi, bu kun bo‘lmasa ertaga yor qabri ustida yong‘an sham’da o‘zini halok qilg‘uchi bir parvona, — deyman. Endigi o‘ylag‘anim faqat qaynimni uylantirish, so‘ngra... so‘ngra yuzni yoruq qilib Saodat quchog‘iga kirish... — dedi va darmonsizlang‘an kabi yostiqqa yonboshladi. Ustaning bu so‘ngg‘i so‘zi Otabekni ortiq asarlantirgan, ko‘z chuquri bir-ikki qayta yosh suvi bilan to‘lib chiqg‘an edi. Ikkisi ham uzoq jim qoldilar. Otabek o‘z qayg‘usini butunlay deyarlik unutib qo‘yg‘an, qarshisidag‘i yerga singibkina yotqan mujassam ishqdan ko‘z uzolmay boshladi. Ustaning moziysida emas, holida ulug‘ bir ma’no ko‘rar edi. Ammo uning istiqbolida bir bo‘shliqdan o‘zga hech gap uchrata olmasa-da, yana ulug‘ bir ma’no ko‘rgandek bo‘lar edi. O‘z istiqbolini ham shu ustaniki qabilidan ko‘rmakchi bo‘lsa-da, buning uchun bir narsa kamdek, yetishmag‘andek kelar, ikkinchi usta Alim bo‘lish uchun bir «o‘ldi» so‘zigina oradan topolmas edi. Keyinroq bu «o‘ldi» so‘zini qo‘shqan bilan ham usta Alim bo‘lish qiyinlig‘ini onglay boshladi, chunki Otabek Kumush tomonidan so‘kilgan va tashlang‘an edi. Holbuki, Saodat so‘kmagan va tashlamag‘an, balki eri-ning bir gunohi sababidan yosh umrini xazon qilg‘an va usta Alim qayin otasi tomonidan hayvoncha quvlanmag‘an... va qayin ota tomonidan kuyav yo‘lig‘a tuzoq qo‘yilib, Saodatni chiqarib olish fikriga tushilmagan, ya’ni orag‘a shaytanat oralamag‘an... Bu so‘ngg‘i fikrni ul o‘ylamag‘an joydan ilhom qabilidan to‘qib olg‘an edi, ya’ni o‘zining Toshkanddan uylanishiga qutidor tomonidan rizoliq berilishini, hatto uning to‘yni o‘z qo‘li bilan o‘tkazib kelishini ilgaridan hozirlanib kelingan tuzoq, deb tushungan edi. Muhokamasi shu yergacha kelib yetkach, usta Alim darajasiga yetish uchun o‘zida hech bir munosabat ko‘rmadi... Usta Alim yozib bergan o‘ringa kirib yotar ekan, o‘z-o‘ziga aytar edi: «Quvlanishg‘a, tahqir etilishka loyiq ko‘rilgan Otabek usta Alim bo‘lishg‘a ham sazovor emas!» Ul uyqug‘a ketar ekan, yuragi bolalarini uchurib ketkan karrukning uyasidek bo‘m-bo‘sh edi. Otabek ertagi namozga turg‘anda ko‘zi Shamshodbekning bazmidan azonda qaytib kelib, dong qotib uxlab yotqan Sayfiga tushdi. O‘n besh yoshlar chamasida bo‘lg‘an bu yigit o‘zining o‘tkur husni bilan Saodatdan xabar berar edi. Bir-ikki piyola choy ichkan bo‘ldi-da, usta Alim bilan xayrlashdi. O'tkan kunlar — 32. Unutolmasa nima qilsin Bu gal Otabekning kutilmagan ravishda Marg‘ilon-dan tez qaytib kelishini O‘zbek oyim o‘zining juhud domladan qildirg‘an jodusining hind sihrini yengganligi, deb so‘yingan edi. Biroq Otabekning ko‘pisincha mehmonxonada yotib qolishi uni bu to‘g‘rida shubhaga tushurib qo‘yg‘an va bunda qanday hikmat borlig‘ini bevosita bilib olish uchun birarta romchi domlag‘a bo-rish fikriga tushkan edi. Yusufbek hojining bo‘lsa bunday mayda ishlarni tekshirib yurish uchun fursati ham yo‘q, uning Normuhammad qushbegi yonidan bo‘shag‘an vaqti ponsad va beklarnikida kengash va ziyofatlar bilan tugalar edi. Uning diqqatini jalb etkan narsa bo‘lsa, ul ham Otabekning tadbirsiz siyosat va ahmoq boshliqlar mavzu’idan olib qilaturg‘an shikoyat va hasratini keyingi kunlarda jim-jit bo‘lib ketkanligi edi. Bu kunlarda Otabekka eng yaqin turg‘an kishi Hasanali ota edi. Chunki Otabek bu keyingi kunlarini mehmonxonada o‘tkazganlikdan Hasanaliga ham uning yonig‘a kirishka va bir muncha so‘zlashib o‘lturishka to‘g‘ri kela boshlag‘an edi. Shuning uchun Otabekning qayg‘ulik hollari, uyqusiz mutolaada o‘tkan tunlari va umuman undagi o‘zgarishlar bu to‘g‘rida Hasanalini o‘ylatsa-da, sababini so‘rashg‘a botirlig‘i yetmas va so‘rashni ham foydasiz deb bilar edi. Chunki ul Otabekdagi bu hollarning sirrini bilgandek, muhabbati orasig‘a cho‘b bo‘lib tushkan keyingi uylanishi alamidan deb qaror qo‘yg‘an edi. Otabekning orzuliq kelin oldig‘a kirmasligi vajhidan O‘zbek oyim achchig‘landi, nihoyat achchig‘ig‘a chiday olmag‘an bir kuni mehmonxonada Otabek yotar o‘rnini yozib turg‘an choqda kirib keldi va yozilg‘an o‘rinni buzib yig‘ib tashladi va: — Mehmonxonada yotaberib nima qilasan, ichkariga kirib yot! — deb jekirdi. Lekin o‘g‘li endi ilgarigi Otabek emas edi, onasining jekirug‘ig‘a quloq solmadi-da, qaytadan o‘rinni yozib boshladi. O‘zbek oyimning g‘azabi tag‘in ham alanga oldi: — So‘zimni eshitasanmi, kar?! Otabek sovuqqina qilib javob berdi: — Kar emasman, lekin sizning bu taklifingiz oldida ham kar, ham ko‘rman. Bu to‘g‘rida siz endi ortiqcha bosh og‘ritmang! — Insofsiz, adolatsiz! Otabek zaharxanda bilan so‘radi: — Men boshda sizga nima degan edim? — Nima degan eding? — Keliningiz mendan yaxshiliq ko‘rmas, demaganmi edim? Siz bilan otam bunga ko‘nmaganmi edingiz, siz buni inkor qilasizmi? — Ota-onamdan va’da olg‘anman, deb shunday xo-ting‘a jabr qilib yura berasanmi? — Keliningizga jabrni xohlamasangiz va o‘zingiz aytkan insofka qaytsangiz, eng oson bir yo‘l bor, — dedi va onasidan ma’lum «nima?» deb bilaturgan savolni kutib to‘xtadi. Ammo O‘zbek oyim so‘roq o‘rniga labini tishlab boshini ikki yelkasiga tebratdi. — Siz so‘rashni tilamasan-giz-da, men aytay: keliningizga jabrni xohlamasangiz mendan taloq qildiringiz va bir bechoraga bu yo‘sun azob berib yurmangiz! — dedi va bir oz to‘xtab davom etdi. — Siz bilgan insofni men ham bilaman. Bir bechorani faqat sizning kayfingiz uchun azob emas, chekkan xo‘rlig‘ini o‘ylab har kuni bir qat etdan tushaman... Agar o‘z kayfingizdan kechsangiz, yaxshi bilingizkim, bir emas ikki jonni azobdan qutqarg‘an bo‘lasiz, onajon! — dedi. O‘zbek oyim o‘g‘lining bunchalik qat’iy ketishini kutmagan edi va bu yo‘sun qattig‘ muomalani-da Otabekdan birinchi martaba ko‘rar edi. So‘z qaytarishg‘a o‘rin topolmadimi va yo janjalning ulg‘ayishidan qo‘rqdimi, haytovur uzoqqina istehzolanib qarab turg‘ach, «esingni yebsan, bolam», dedi-da, mehmon-xonadan chiqdi. Otabek yolg‘iz mehmonxonada yotib kun kechirish bilangina qolmadi. Kechalari allaqayoqlarg‘a ketib, yo‘qolaturg‘an odatlar ham chiqardi va bir-ikki qayta ortiqcha mast bo‘lg‘an holda qaytib, Hasanalini tamom hayratda qoldirdi. Ul Otabekka nasihat qilishni ham bilmas va bu sirni biravga aytish uchun ham hayron edi. Bir kun kechasi ul yangi odati bo‘yicha allaqayoqqa ketkan edi. Hasanalining ko‘ngli bu kun ham bir ishka guvohlik bergandek bo‘lib, ichkarida yotkusi kelmadi, o‘rinni mehmonxonag‘a yozib, darbozani zanjirlab keldi. Agar bu kun ham ul o‘sha holda qaytsa, bir narsa demakchi, ya’ni qo‘lidan kelgan nasihatni qilmoqchi edi. Uxlamay kutib o‘lturdi. Ammo ul tungi soat o‘n bir bo‘lsa ham kelmas, o‘n ikkida ham daraksiz edi. Nihoyat, kuta-kuta uyqusi tang qilg‘ach, o‘rniga cho‘zilib kipragini kipragiga ulab yotdi va uxlab ketganini o‘zi ham sezmay qoldi. Oradan noma’lum bir muddat o‘tib darbozaning so‘naqasiz taqillashidan cho‘chib uyg‘ondi va yo‘lakka yugurdi. Qorong‘uda zanjirni timiskilar ekan, «kim?» deb so‘radi va javobig‘a «mmmman» degan sarxush tovushni eshitdi. Bu tovush uning yuragini uyushdirib yuborg‘an va «bu kun ham shunaqa» degan so‘zni ko‘nglidan o‘tquzg‘an edi. Zanjirni tushurib, darbozaning bir tabaqasini ochishi hamono shu tabaqag‘a suyalib turgan Otabek Hasanalining oyog‘i ostig‘a yiqilib tushdi. Hasanali bu kungi kayfning o‘tacha ketkanligini payqag‘an, yo‘lakni tutib ketgan ichkulik isidan o‘qchiyozg‘an edi. Otabekni suyab mehmon-xonag‘a kelturar ekan, ikki ko‘zi ichkari havlining eshigida, chunki Yusufbek hojining tunlari tashqarig‘a chiqaturg‘an odatining shu vaqtg‘a to‘g‘ri kelib qolishidan yuragi taka-puka edi. Otabekni yeshintirar ekan, rizosiz bir ohangda dedi: — O‘g‘lim, sizga shu shaytoni ishning nima zarurati bor? Otabek mastlarcha kuldi: — Mmmenga zarurati bo‘lmasa kkkimga bor?! — Nima bo‘lg‘anda ham men bu ishingizdan rozi emasman, — dedi Hasanali va qanday javob eshitishini kutib turdi. Otabek o‘rniga yotib olg‘ach, kuchlik qilib bir uflab oldi. Hasanali undan javob kutar ekan, bir ozdan so‘ng javob o‘rniga xurrak tovshini eshitdi... Otabekning kutilmaganda bu yanglig‘ yaramas ko‘chalarga kirib ketishiga hech bir turlik ma’no beralmay boshi qotsa ham, ammo uning ko‘z o‘ngidan ignaga zo‘rlab taqilg‘an ip nariga ketmas edi. Undan so‘ng, ikki oylardan beri Marg‘ilonni tilga olmasliqda uni bir oz shubhaga tushirib, «oralaridan birar sovuqchiliq o‘tdimi ekan», deb ham ko‘nglidan kechirdi. Otabek bilan birga choy ichish maqsadida ertalab Oybodoqning damlag‘an choyig‘a bormay, Otabekning uyg‘onishini kutib yurdi. Otabek tushka yaqin uyg‘ong‘ach, Hasanali choy hozirladi. Dasturxon yozib o‘zini kutib o‘lturgan Hasanali yonig‘a qisinib-qimtinib Otabek keldi. Tundagi holi esiga tushib bo‘lsa kerak, boshini yerdan ko‘tarib Hasanaliga qaramas va bir og‘iz bo‘lsin so‘z aytmas edi. Otabekning bu holi Hasanalining nichka yuragiga qattig‘ ta’sir etkan va o‘ylab qo‘yg‘an nasihatlarni unutib, bekzodani bu og‘ir holdan qutqazish fikrigagina tushkan edi. — Yoshlik — beboshlik, degan ekan mashoyixlar, — deb kulib qo‘ydi Hasanali va: — uy ichidan bitta-yarimtasi sezib qolmag‘ay deb juda xavotirda bo‘ldim... Haytovur hech kim payqamapti, — dedi. Otabek tashakkur etkansumon Hasanaliga kulib qaradi va o‘zining bu ketishidan rizosizlik bildirgan kabi entikib tin oldi. Hasanali so‘zni urintirib Otabekni o‘z holig‘a qo‘ymas edi. Unar-unmasdan bahs qilib, nihoyat, bu unarunmasning oxirig‘a shu savolni ham ulab yubordi: — Bu gal Marg‘ilong‘a kechikdingizmi? Biz yuqorida ham turtib o‘tkan edikkim, Otabek na Yusufbek hojig‘a, na O‘zbek oyimg‘a va na Hasanaliga Marg‘ilondan tez qaytib kelish sababini aytmagan, Marg‘ilon bilan uzil-kesil aloqasi uzilganligini churq etib so‘zlamagan, so‘ralmag‘an so‘zga javob berilmas qabilidan jim-jit alamini ichkulukdan olibg‘ina yurgan edi. Ikki oydan beri birinchi martaba Marg‘ilon to‘g‘risidan so‘ralg‘an savol ham faqat shu Hasanalining keyingi so‘zi bo‘lib, sirni ochish o‘nqovida kelgandek edi. Lekin javob tamom haqiqatka mug‘oyir va kishini hayratka solarliq bo‘ldi: — Bu kun jo‘namoqchi bo‘lib turibman, — dedi. Hasanalining shubhasi bo‘shka chiqdi. Choydan so‘ng ul o‘zining so‘zini amalda ko‘rsatib, otasidan ham ruxsat olib qo‘ydi va peshindan keyin yo‘lg‘a chiqish uchun hozirlik ham ko‘ra boshladi. Uning sirrini bilguchi va «Endi Marg‘ilonda nima qilasan?» deb so‘rag‘uchi orada bo‘lmag‘anidek, ul bu so‘roqni o‘z-o‘ziga ham berib qaramag‘an edi. Go‘yo burung‘idek Marg‘ilon yo‘lig‘a oshiqib hozirlanar edi... Yigirma kun o‘tar-o‘tmas Marg‘ilondan qaytib keldi. Bu borishdan birar ish chiqara oldimi-yo‘qmi, bu to‘g‘rini biz kelasi fasllarning biridan o‘rganarmiz. Kelib Toshkandda bir hafta chamasi turdi, so‘ngra yonig‘a Hasanalini olib Oqmasjid shahriga jo‘nadi. Ul ikki yildan beri to‘xtab qolg‘an savdogarchilik ishini qaytadan boshlamoqchi edi... O'tkan kunlar — 33. Bizda kim ko'p yig'laydir G‘ayri mashru’ taloq xati tekkaniga olti oylarcha fursat o‘tib ketkan edi. Kumushning go‘zallik ta’rifini g‘oyibona eshitib, og‘zining suvi kelguchi xotinliq va xotinsiz orzumandlar «yotib qolg‘uncha, otib qol!» so‘ziga amal qilib, qutidornikiga sovchilarni turna-qator yubora boshlag‘an edilar. Albatta, bunda shubha yo‘qdirkim, Kumushning erdan chiqg‘an xabarini Kumushning o‘zidan ham ilgari tushungan va Otabekdan ham ilgari sezgan Homidning sovchisi boshqa sovchilarning muqaddimasi, yoz boshida kelaturgan qaldirg‘ochlarning yo‘lboshchisi edi. Homidning sovchisi bir martaba kelish bilangina qanoatlanmadi, uchto‘ rt qaytalab kelib qutidorg‘a Homidning kuyav o‘g‘ul bo‘lish niyatida ekanligini arzuniyoz qila boshladi. Natijada Homidboyning sovchisig‘a berilgan javob shu bo‘ldi: «Biz Homidboyni o‘zimizga kuyav o‘g‘ul qilishdan hech bir mone’lik ko‘rmaymiz. Ammo qizimiz mundan so‘ng er qilmasg‘a qattig‘ isror etadir. Shunga ko‘ra Homidboy bizni kechirsin». Boshqa sovchilarg‘a ham javob shu edi. Qutidor bilan Oftob oyimning bu javoblari o‘zlaricha emas, balki Kumushning ko‘ngliga qarab berilar edi. Biroq Kumushbibining «Man endi er qilib bo‘ldim, mundan so‘ng erga ehtiyojim yo‘q», degan qat’iy javobig‘a ular uzoq quloq solib turolmadilar, chunki uning bu isrorini «chidamasning so‘zi» deb onglar va tuzukrak joyi chiqg‘anda, erga berishka ham hisoblari yo‘q emas edi. Shunga ko‘ra, kelgan sovchilarning o‘zlariga yoqmag‘anig‘a gunohning barini Kumushning bo‘yniga ag‘darib javob berar, ammo ikkinchi yoqdan tuzukrak joyini ko‘zlar edilar. Kutilmagan yerga shaharning eng olding‘i a’yon va sarvatdorlaridan bo‘lgan Salim sharbatdor deganning Komilbek ismlik o‘g‘lidan sovchilar kelib qoldi. Ota-otaning kutkanlari shunday tegu taxtlik kuyav bo‘lg‘ani uchun birinchi martaba sovchilarni yaxshi so‘zlar va quyuq-suyuq oshlar bilan jo‘natib, ikkinchi kelishka o‘ylashib javob beraturgan bo‘ldilar. Eru xotin uzoq o‘ylashib turmay (chunki o‘ylashturg‘an joy emas edi) sovchining ikkinchi kelishida javob berishka qaror qo‘ydilar. Kumushning qarshi tushmagi to‘g‘risida, albatta, ularning shubhalari yo‘q edi. Shuning bilan birga ota-onaning so‘zini yerda qoldiradi, deb ham o‘ylamas edilar. Kuz kunlarining oyog‘i va qish kunlarining boshi edi. Daraxtlardagi sariq barglar to‘kilib tugalgan, yer yuzi o‘zining qishqi sariq kiyimini kiygan edi. To‘rt tomoni-ning o‘ralg‘anlig‘i soyasida yaproqlarini to‘kilishdan saqlab qolg‘an bu gilos yog‘ochlari ham bu kun tungi qora sovuqqa chidalmay, yelning ozg‘ina harakati bilan-da barglarini shirtshirt uzib tashlamoqda edilar. Havo ochiq bo‘lib, quyosh tuzukkina ko‘tarilgan, ammo uning o‘zi ham bu kun uncha ta’siri yo‘q, bu kungi qora sovuq quyosh kuchini-da keskan edi. O‘rta eshikdan Kumushbibi ko‘rindi. Burung‘i to‘la-lig‘i ketib ozg‘inlang‘an va lekin bu ozg‘inliq uning husniga kamchilik bermay, bil’aks yuqorilatqanlar. Kamon qoshlari ortiq mavj urib o‘zini ko‘rsatkan, bir oz bota tushkan shahlo ko‘zlar tag‘in ham tim qoraliq, tag‘in ham nurlilik kasb etkan edilar. Bu kungi sovuqqa qarshi kiyib olg‘an sovsar po‘stinining yoqalig‘i kishining hasadini ortdirib, nafis bag‘baqalarni o‘pib yotar edilar. Biroq unda bir kamchilik bordek ko‘rinar edi: shahlo ko‘zlar burung‘idek o‘ynab turmas va so‘ng chekdagi bir og‘irliq bilan harakatlanar edi. Bir tomondan qarag‘anda bu og‘irliq-da unga bir oliylik, ulug‘vorliq bag‘ishlag‘andek. Kelib ayvon muyishig‘a o‘lturdida, ko‘zlarini og‘irg‘ina harakatlandirib, ketma-ket chip-chip etib to‘kilmakda bo‘lg‘an hazonlarg‘a qaradi va har bir yaproqni yuqoridan kuzatib yerga qo‘ya bordi. Ul yerga tushkan har bir yaproqda o‘zining tarjumai holini o‘qur, o‘zini-da mavqi’idan ayrilib, hechka chiqib turg‘an shu xazonlardan ayira bilmas edi. Ayira bilmadi-da, latif ko‘kragini to‘rt enlik ko‘tarib tin oldi va ko‘zlari jiq yoshg‘a to‘ldi. Yeng ichidan bir-birisiga o‘tquzilg‘an ikki qo‘lini barobar ko‘tarib ko‘z yoshini artar ekan, ichkari havlidan Oftob oyim chiqib kelar edi. Ul yer ostidan qizig‘a ko‘z qirini tashlab mehmonxona eshigini ochishg‘a tutindi. Oftob oyimning orqasidan Oyshabibi ham ko‘rindi, kelib Kumush yonida to‘xtab so‘radi: — Nima qilib tashqarida o‘lturibsan? — O‘zim, — dedi Kumush qoshlarini chimirib, chetka yuzini o‘girdi. — Mehmonxonaga kirsang, sen bilan ikki og‘iz maslahatimiz bor edi. — Nima maslahatingiz bor? — Oldin kir, bolam, — dedi kampir va Kumushning yelkasiga qoqib turg‘izdi. Ular ichkaridagi sovchi xotinlarni yolg‘iz qoldirib, Kumushning so‘zini olish uchun tashqarig‘a chiqg‘an edilar. Ammo Kumush bo‘lsa sov-chilarning oldidan rizosizlig‘ini onglatqandek bir namoyish bilan ketkan edi. Ul mehmonxonag‘a kirgandan so‘ng ham tersayib tokchalardan nedir axtarg‘andek yurina boshladi. — Tokchada san qidirg‘an narsa yo‘q, kelib yonimizg‘a o‘ltur, — dedi Oftob oyim. — O‘lturganimdan sizga bir pullik foyda yo‘q, sov-chingizga o‘zingiz bilgan javobni beravering! Oyshabibi qizig‘a ma’nolik qilib bir qarab oldi: — Bolam, axir ikki og‘iz gap eshit-chi oldin! — dedi. Kumush o‘ltura bermagach, Oftob oyim qizishdi. — Qizim, saning bu qarshilig‘ingdan muddaong nima?! — Siz bilan otamg‘a muddaomni necha qaytalab aytdim-ku: mundan so‘ng bu ishni xohlamayman. — Dunyodan toq o‘tasanmi? — Toq o‘tamanmi, yo‘qmi, buni tangri biladir. — Man saning hali ham o‘sha uyatsiz eringdan ko‘ngil uzolmag‘aningni bilaman. Saning bu xomtama’lig‘ing koni bolalig‘ingdir. San yaxshi bilki, mundan so‘ng otang ul uyatsizga o‘z uyidan joy bermaganidek, uyatsizning o‘zi ham uzil-kesil sani tashlag‘andir. Agar so‘zimga ishonmasang mana buni o‘qub qara, dedi-da, Kumushka bir qog‘oz uzatdi va davom etdi. — Biz buni san unga xat yozg‘aningdan so‘ng javob o‘rnida olg‘an edik. Biroq o‘sha vaqtda bu uyatsizning birinchi taloq xatisi ham sanga yetib ortqanliqdan bunisini sandan yashirg‘an edik. Hamon-da saning umiding kesilmagani uchun bu xatni ham ko‘rsatmakchi bo‘ldim! — dedi. Kumush qog‘ozni onasidan oldi: «Matluqam Kumushbibiga. Manim birinchi xatim bilan sizning menga qilaturg‘an erkaliklaringizga bir chek qo‘yilg‘an kabi edi. Lekin bunga tushunmabsizmi va yo tushunishka tilamabsizmi, haytovur yana ham eski erkaliklaringizni tark etmabsiz. Xatingizni o‘qur va o‘zimni kulgidan to‘xtata olmas edim. Orzuga ayb yo‘q, deydirlar. Chekdan oshib qilg‘an hujumlaringiz eski qadrdonlig‘ingiz otig‘a kechiriladir. Endilikda sizga mendek vafosiz va hiylagar bo‘lmag‘an yangi er topilg‘ay edi, deb addoi Otabek Yusufbek hoji o‘g‘li, 26 javzo, 1265-nchi yil, Toshkand». Maktub uning yurak jarohatini qaytadan tirnab tashlag‘an edi. Ko‘z yoshini duv-duv to‘kib, xatni o‘z taxig‘a soldi va o‘zidan javob kutib turg‘an achasi bilan onasig‘a dedi: — Men bu uyatsiz yirtqich bilan yarashmoq uchun umid tutmayman, shuning bilan birga er ham qilmayman! — Nega? — deb so‘radi onasi. — Negami? — dedi Kumush va yig‘lag‘an ko‘yi javob berib boshladi: — Negaki men o‘zimning suygan va muhabbat qo‘yg‘an erimdan buncha uyatsizlik, bu yanglig‘ vafosizlik ko‘rdim. Endi er degan shu bo‘libdimi? Mundan ko‘ra dunyodan toq o‘tkan yaxshiroq, yolg‘iz yurgan tinchroqdir. Shuning uchun qizingizg‘a er otidan so‘zlamangda, yafroq kabi titrayturg‘an yuragiga dahshat ham solmang! Bu so‘zdan so‘ng Oftob oyimning onaliq ko‘ngli erib ketkan, ichkarida javob kutib o‘lturg‘uchi sovchilarg‘a qanday bahona topib kirishni-da o‘ylab ulgurmag‘an edi: — Yig‘lama, — dedi. Kumushni mehmonxonada qoldirib onasi bilan chiqdi. Salim sharbatdorniki qutidorg‘a nihoyatda ma’qul tushib qolg‘an edi. Shuning uchun xotini va qizidan so‘rab o‘lturmay bir kun do‘konidan erkak sovchilar bilan bitishib ham keldi va xotinig‘a «men bu kun fotiha qilib keldim, nima bo‘lg‘anda ham endi qizingni ko‘ndirmasang bo‘lmaydir», dedi. Ammo Oftob oyim-ning er otini eshitkanda titray boshlayturg‘an qizi bilan uchrashmoqqa aslo toqati yo‘q, erining bu so‘zini eshitkanda tamom o‘zini yo‘qotqan edi. Ul qizini ko‘ndirish uchun qutidorg‘a va’da berganda o‘z holini ikki yoqdan o‘qtanilg‘an xanjar orasida qolg‘uchig‘a o‘xshatar, qaysi tomong‘a qimirlasa ham muhlik yara olishini aniq bilar edi. Shu kundan so‘ng bechora ona-ning og‘ir kunlari boshlandi. Eriga bergan va’dasini aslo bajara bilmas, bul haqda qizig‘a og‘iz ochib so‘zlay olmas edi. Har kun bozordan qaytib kelib birinchi so‘zi «ko‘ndirdingmi?» bo‘lib qolg‘an eridan tuni bilan koyish eshitar va kunduzlari Kumushka og‘iz ochishg‘a yuraksina olmay azoblanar edi. Bir necha kundan so‘ng qutidor ham endi o‘z xatosini onglag‘an, chunki har kun deyarlik Salim sharbatdornikidan kelib to‘y kunini so‘rag‘uchi kishiga turlik-turlik bahonalar ayta berib zerikkan va uyatidan do‘konga tushishni-da tark qilish fikriga kelayozgan edi. Bir kun do‘kondan nihoyatda achchig‘lanib qaytdi va Oftob oyimni umrida eshitmagan so‘kishlar bilan so‘kdi: «Qizingni deb shaharda bosh ko‘tarib yurolmayturg‘an bo‘ldim. Ko‘ndirsang ko‘ndir, bo‘lmasa mendan umi-dingni uz, men endi sanlarning dastingdan shahardan qochib ketmasam bo‘lmaydirg‘an darajaga yetdim!» dedi. Ertasi kun bechora ona qizig‘a mash’um mavzu’dan so‘z ochishg‘a majbur bo‘ldi. Qizining yonig‘a o‘lturib so‘zlash o‘rniga yum-yum yig‘lay boshladi. Kumush esa onasini bu holg‘a solg‘an sirdan voqif, shuning uchun yig‘i sababini so‘rab o‘lturmay, ul ham ko‘z yoshisi bilan yuzini yuvmakka tutindi. Ona-bola uzoq yig‘lashdilar, ko‘z yoshlari bitkuncha bo‘zlashdilar. — Bu kunlardan ko‘ra dunyog‘a kelmagan bo‘lsam edi. Bu tirikligimdan ko‘ra, o‘lib ketkan bo‘lsam edi! — dedi oxirda Oftob oyim. — Yanglish so‘zlaysiz, onajon! — dedi Kumush va: — Siz dunyoda turishka loyiq edingiz, lekin sizning dunyo-dan to‘yishingizga va qon-qon yig‘lashingizga sababchi men bo‘ldim. Men siyoh baxt dunyog‘a kelmagan bo‘lsam edi, sizga munchalik kulfatlar, munchalik an-duhlar ham yo‘q edi. Shuning uchun siz tangridan so‘rangkim, tezroq men mash’umani mahv etib, sizga uch-to‘rt kun tinchlik bersin, onajon! Sizni bu holda ko‘rishka va o‘z tilagim yo‘lida sizni qurbon etishka ortiq toqatim bitdi. Tashlandiq bu qizingiz, qo‘lma-qo‘l yurg‘uchi bu o‘yinchiq qizingiz kimu, sizdek bir mehribon onani qon yig‘latish kim? Yig‘lamangiz, ona. Sizning to‘kib kelgan ko‘z yoshlaringizning bir tomchisig‘ a ham bu tashlandiq qizingiz arzimas, siz otamg‘a maning rizolig‘imni tashvishlanmay bildiraveringiz. Ul ham kishilar oldida bu baxtsiz qizining ta’nasiga qolmasin. Siz manim yuzimga ezilib qaramangiz, o‘ylamay-netmay rizolig‘imni bildiraveringiz! — dedi va yuziga to‘zg‘ib tushkan sochini to‘g‘rilab olg‘ach, davom etdi: — Agar siz menga ortiq achinsangiz, rizolig‘imning bir sharti qilib to‘yni kelasi kuzga bo‘lishini aytib o‘tingiz, agarda otam baxtsiz qizining bu tilagini qabul etsa-etsun, bo‘lmasa manim bu tilagim ham sizning bir tomchi ko‘z yoshingizga arzimas, onajon, sizning shodlig‘ingiz yo‘lida har bir og‘irliqlarg‘a bu baxti qaro qizingiz rozidir, onajon! Oftob oyim Kumushning bu so‘zlariga to‘zib turolmay, qizini bag‘rig‘a bosib quchoqladi, ona-bola tag‘in shiddatlik ravishda ko‘z yoshig‘a ko‘mildilar... Oftob oyimning qat’iy isroriga binoan qutidor ham qizining shartini qabul etkan. Qudalar ham kelasi kuzgacha kutishka rozi bo‘lg‘an edilar. Demak, kelasi kuzga qutidor Salim sharbatdor kabi bir kishiga qudalashib olg‘anidek, Kumushbibi ham Otabek o‘rniga Komilbekni almashdirar edi. O'tkan kunlar — 34. "Navo" kuyi Xalqimiz ta’biricha, bu zamonlar «musulmonobod» bo‘lsa-da, biroq bu tantanalik ta’birni buzib qo‘ya-turg‘an ishlar ham yo‘q emas edi. Xon musulmon, bek musulmon, xalq musulmon, buning ustiga yurish-turish ham musulmoncha, hukmlar ham shari’atcha edi. O‘g‘irliq qilg‘an uchun qo‘l kesiladir va yo dorg‘a osiladir. Zoni bilan zoniyalar ham peshtoqdan tashlanadirlar, ichkulik ichkan uchun qirq darra uriladir. Rais afandi mulozimlariga darra ko‘tartirib, namoz-sizlarni tekshiradir, farzi ayn bilmaganlarni urdiradir edi. Ish shunchalik nozik bo‘laturib ham o‘g‘rilar o‘z tirikliklari orqasidan qolmaydirlar. Esh aka bilan Tosh aka-ning uylari orqasidan teshilib mollari o‘g‘irlana beradir, peshtoqdan qopqa bo‘g‘ilib tashlanmoq uchun fohishalar ham yetishib turadirlar. Butun umrida peshonasi sajda ko‘rmaganlar ham ko‘b, ammo farzi aynning bosh tomonidan to‘rt-besh jumlani har kim qiynalmasdan sayriy olar edi. Ko‘b kishilarning uylarida musallas bilan bo‘zalar xumlab qaynab yotsa, ikkinchi tomonda rasmiy suratda ichkulik sotish bilan tiriklik qilg‘uchilar ham yo‘q emas edilar. Toshkandning Chuqur qishloq degan yerida qozoqlar tomonidan ochilg‘an va hamisha rustamnamo kishilar bilan ayqirib yotqan bo‘zaxonalar ham yo‘q emas edi. Besh oylab Oq masjid safarida yurib ketkach, Otabek to‘g‘ri shu Chuqur qishloq bo‘zaxonalaridan biriga kelib tushkandek bo‘ldi. Uni kunduz kunlari bo‘zaxonada uchratib bo‘lmasa-da, ammo bo‘zaxonag‘a kelmagan kechasi juda oz edi. Bo‘zagar Otabekning kim bolasi ekanligini yaxshi bilgani uchun hamma ishni uning tilagiga qarab qilar, ul keldi deguncha oddiy bo‘zaxo‘rlar yonig‘a o‘tquzmay o‘zining maxsus hujrasiga olib kirar, boshqalarg‘a berilaturgan loyqa bo‘zadan bermay, bo‘za-ning guli bilan mehmon qilar edi. Hozir ham ul shu bo‘zaxonada edi. Endi uchunchi kuvachani tugatib, to‘rtinchini chaqirg‘an edi. Bo‘zagar kirdi: — Bo‘za beraymi, bek? — deb so‘radi. — Bering, — dedi va: — mashshog‘ingizni ham kirgizing! Vaqt yarim kechadan ham og‘qan, kunduz kunidan beri ichishib charchag‘an xo‘randalar baqirishib-chaqirishib tarqalishqan edilar. Bo‘zaxona tinchigan edi. Qo‘lmaqo‘ l yurib charchag‘an mashshoq ham bo‘shab, Otabekdan katta-katta ehsonlar ko‘rgani uchun, vaqtning kechligiga ham e’tibor qilmay kirgan edi. Mashshoq Otabekning sarxush qo‘lidan bir piyola bo‘zani ichkach, dutorini chertib so‘radi: — Qanday kuyni chalay, bek aka? Otabek sarxush tovush bilan jiddiygina qilib javob berdi: — Bilsangiz, haydalish kuyini chalingiz, ajralish kuyini chalingiz! Mashshoq ajabsing‘an edi: — Dunyoda bunday kuylar borlig‘ini umrimda bi-rinchi martaba eshitaman, bek aka! — Dunyoda bunday kuy yo‘q deb o‘ylaysizmi, siz eshitmagan bo‘lsangiz maning eshitkanim bor... Bilmasangiz, bilgan kuyingizni chalingiz! Mashshoq dutorini sozlar ekan, yana so‘radi: — Bu kuylar yangi chiqg‘anmi? — Yangi chiqg‘an. — Qayerda eshitdingiz? Otabekning kayfi tarqag‘andek bo‘lib, mashshoqqa qaradi: — Bu kuylarni Farg‘onaning Marg‘ilonida eshitdim...— dedi. Dutorni sozlash uchun reza kuylardangina olib turg‘an mashshoq, Otabek kutmagan joyda «Navo»dan boshlab yuborg‘an edi. Kuyning boshlanishi bilanoq uning vujudi zirr etib ketkandek bo‘lib keyingi piyolasini bo‘shatdi va ixtiyorsiz ravishda dutorning munglik tovshig‘a berildi. Dutor tovshi qandaydir o‘zining bir hasratini so‘zlag‘andek, hikoya qilg‘andek bo‘lib eshitilar edi. Yo‘q, bu hasratni ul o‘z tilidan so‘zlamas edi — Otabek tilidan so‘zlar edi... Otabekning ko‘z o‘ngidan o‘tkan kunlari birma-bir o‘tib boshladilar-da, nihoyat «anuv» xotiralari, «anuv» hangomalari ham ko‘rinish berib o‘tdilar... Yo‘q, o‘tmadilar... uning ko‘z o‘ngida kelib to‘xtadilarda, shu ko‘yi turaberdilar... Dutor bu ko‘rinishni uning ko‘z o‘ngiga keltirib to‘xtatqach, bu foji’aga o‘zi ham chidab turolmag‘andek yig‘liy boshladi... Dutor quruqqina yig‘lamas edi, balki butun koinotni zirr etdirib va xasta yuraklarni dirr silkitib yig‘lar edi... Otabek ortiq chidab turolmadi-da, ro‘ymoli bilan ko‘zini yashirib yig‘lamoqqa kirishdi... Ul ko‘z yoshlarini to‘xtatmoqchi bo‘lar edi. Biroq hozirgi ixtiyor o‘zida emas edi — hamma ixtiyor dutorning hazin «Navo»sida, toqatsiz yig‘isida edi... Dutorning nozik torlaridan, tilsimlik yuraklaridan chiqg‘an «Navo» kuyi o‘z nolasiga tushunguchi Otabekdek yigitlarga juda muhtoj edi. O‘z dardiga tushungan bu yigitka borg‘an sayin dardini ochib so‘zlar, yig‘lab va ingrab so‘zlar edi... Eshitkuchi esa dunyosini unutib yig‘lar, kuchini yig‘ishtirib yig‘lar va hasratu alamini ko‘z yoshisi bilan to‘kib yig‘lar edi... Nihoyat «Navo» kuyi uning butun tanidagi suvlarini ko‘zi orqaliq to‘kdirdi-da, falakning teskari harakatidan shikoyat etib qo‘ydi va dunyoda yolg‘iz hasratkina bo‘lmag‘anligini bildirgandek o‘zining «savt» kuyini yer yuziga shodliq va so‘yinch yog‘dirib arz eta boshladi. «Navo»ning sihirlik «savt»i Otabekning ko‘z yoshlarini quritdida, bir yengillik bag‘ishladi. «Navo» bilan yuvilib ketkan uning umid gulzorida yangi chechaklar unib chiqdi... Bu o‘lturishdan so‘ng ul bir oylab bo‘zaxonag‘a kelmay ketdi. Marg‘ilondan qaytib kelgach, yana eski odatida davom eta boshladi... Otabekning o‘sha voqi’adan so‘ngg‘i Marg‘ilon qatnashlari faqat natijasiz quruqqina bir qatnash edi. Bu qatnashning har birisida usta Alimnikiga tushar, ammo hanuz undan o‘zining sirrini yashirib, Andijondan qaytib kelishini va yo borishini va yo‘l ustidan ko‘rib ketish uchun kirganini aytib usta Alimni minnatdor qilar edi. Ul Marg‘ilonda ko‘b to‘xtamas, bir kun, uzoqqa tortilsa ikki-uch kun turib qaytar, ba’zi vaqtlarda yo‘l ustidan «Xo‘ja Ma’oz» mozorini ham tunab ketar edi. Uning o‘n kunlab yo‘l mashaqqatini o‘z ustiga olib, Marg‘ilonda qilaturg‘an ishi shu mashaqqatlar evaziga arzug‘uliq edimi, yo‘qmi, o‘qug‘uchi buni quyidan onglar: Marg‘ilondan natijasiz, tamoman bo‘shka qaytib Toshkand kelgach, Kumushni unutkandek bo‘lib uch-to‘rt kun u-bu bilan ovinib yurar, so‘ngra hafta, o‘n kundan so‘ng yana Marg‘ilon to‘g‘risida o‘ylab boshlar, o‘ylab o‘yining tegiga yeta olmag‘ach, o‘zini qayoqqa urishini bilmay qolar, shundan so‘ng hamma alamini Chuqur qishloqqa havola qilib, o‘n-o‘n besh kun bosim ichkanidan so‘ng ichkulukdan ham lazzatlanmay qolar va shuning yonida uning ko‘ngli bir narsaning bo‘yini olg‘andek sezinar, go‘yo Marg‘ilon borsa bir gap bo‘laturg‘andek, bormay qolsa keyinchalikda o‘zi o‘kinaturg‘andek... Shundan so‘ng to‘satdan Marg‘ilon yo‘lig‘a tushib qolar, yo‘lda borar ekan, o‘zini to‘rt ko‘z bilan kutib turg‘andek sezilgan Marg‘ilong‘a har nimadir, bir soat ilgariroq yetish uchun oshiqar edi. Le-kin... lekin Marg‘ilon darbozasidan kirishi ila uning holi o‘zgarib boshlar, yuragi qinidan chiqar darajada o‘ynamoqqa olur, ayniqsa poyafzal rastasiga yaqinlashgach, uning bu iztirobi shiddatlanur, poyafzal rastasining yaqini bilan bunchalik o‘zgarishda qolg‘an Otabek rastaning o‘zida qanday holg‘a tushmog‘ini tasavvurdan ojiz kelur va rasta ko‘rindi deguncha otining boshini chapka burib yuborar va orqasidan kimningdir «...boringiz, eshigim yonida to‘xtamangiz... uyatsiz!» tovshi eshitilgandek bo‘lar edi... O‘z-o‘ziga «haqiqatan men uyatsiz», deb qo‘yar va shuning ila hamma kutilgan-kuzatilgan gaplar, besh kunlik yo‘l mashaqqatlari havog‘a ketar, hatto xayolda emas, haqiqatda o‘ylab qo‘yg‘an qayin otasi bilan xotinini shari’atka chaqirish fikri ham unutilar va yo‘qolur, «hiylagarning yuzini qozixonada ko‘raymi, o‘zi ham qursin, yuzi ham!» der edi-da, otini to‘g‘ri usta Alimnikiga qarab solar edi. Otabek usta Alimni juda yuqori darajaga qo‘yg‘a-nidek, uning majlisi bilan ham ancha yengillashar, o‘n yillardin beri usta Alim yuragida saqlang‘an va qabrg‘a ham birga ketishi kutilgan ishq tarixini qayta-qayta eshitkusi kelaberar, usta Alim ham o‘zining o‘lgan Saodati to‘g‘risidag‘i ipidan-ignasigacha bo‘lg‘an xotiralarini takror-takror hikoya qilib, hikoyasi oxirida: «Peshonamga sig‘madi-da, o‘ldi», deb qo‘yar, bu so‘z Otabekning ham yuragiga sovuq suv sepkan ta’sirini berib, ul ham ko‘nglidan: «Manim ham peshonamga sig‘madi-da, tiriklayin o‘ldi» degan so‘zni o‘tquzar edi. Shu holda ikki-uch kun usta Alimnikida turg‘ach, eng so‘ngg‘i martaba Marg‘ilon bilan xayrlashkan kabi shaharning har bir narsasiga alvido nazari bilan boqar va boshi og‘qan tomong‘a ketkandek Marg‘ilonning o‘ng‘ay kelgan darbozasig‘a qarab yo‘l olur edi. Qo‘qonda birikki kun, Kirovchida uch-to‘rt kun, Qurama, Telov va shuningdek, qishloqlarda ham bir necha kunlab qo‘na-qo‘na nihoyat, Toshkandga kelib yetar yana... yana... Otabekning Marg‘ilong‘a borib kelishi shu yo‘sunda edi. Uning sirri o‘zidan boshqa hech kimga ma’lum bo‘lmag‘anliqdan, orada uning holig‘a kulguchi va undan hisob olg‘uchi birav ham yo‘q, faqat ul hamma hisobni o‘z yuragidan olib, o‘z yuragiga berar edi. Shu yo‘sun oromsizlik va besaranjomlik ichida uning oy-kunlari o‘tib turar edi. O'tkan kunlar — 35. Jonso'z bir xabar va qo'rqunch bir kecha Agar olg‘an hisobimiz to‘g‘ri chiqsa, bu gal uning Marg‘ilong‘a quruq qatnab yurishining yettinchi qaytasi edi. 1267-inchi yilning kuzi — bu voqi’ag‘a o‘n sakkiz, o‘n to‘qquz oylar o‘tib ketkan edi. Ertalabki choydan so‘ng, usta Alim o‘zining qaynisi bilan oshxonasi yonig‘a yangigina qurg‘an to‘quv do‘konlari yonida ipakka ohor berish ila ovora edi. Ammo ul bo‘lsa, do‘konxonaning ustuniga suyalgan ko‘yi qandaydir bir o‘y bilan mashg‘uldek ko‘rinar, ustaning Toshkand to‘g‘rilarida bergan savollariga «shundoq, ha, yo‘q, albatta» kabi qisqa javoblar bilan qarshi turar edi. Ul shu ko‘yi yarim soatlar chamasi so‘zsizlik so‘nggida, so‘zsizgina ko‘cha eshik tomong‘a chiqib keta boshladi, usta Alim ko‘zini ishidan uzib so‘radi: — Yo‘l bo‘lsin, Shokirbek? Otabek yo‘lak yonidan javob berdi: — Shaharni bir aylanib kelmakchiman. — Juda yaxshi, — dedi usta va: — ammo peshindan kechka qolmang, men oshni damlab sizni kutib o‘lturaman, tuzikmi? — Tuzik, — dedi Otabek va yo‘lakdan o‘tib eshik oldig‘a — ko‘chaga chiqdi. Chiqishi bilan narigi eshikdan Sodiq ham ko‘rinib qoldi-da, Otabek bilan to‘qnash keldi. Sodiq iltifotsizgina unga qarab olg‘ach, shosha-shosha o‘ngdagi tor ko‘chaga yurib ketdi. A Otabek to‘g‘rig‘a, katta ko‘chaga qarab yurdi. Havo bulut edi.Oq bulutlar bo‘lg‘anliqdan quyoshning nuri uncha kesilmagan, quyosh to‘r ro‘ymol ichida o‘lturg‘an kelinlar kabi yer yuziga suzilib qarar edi. Bulutlarning ohistagina say-ridan sezilar-sezilmas hafif bir shamol yurib, yengilgina bir izg‘iriq ham yuzga kelib to‘qunar, bu izg‘iriq kishiga uncha rohatsizlik bermasa-da, lekin qayerdadir dog‘ qi-lin--moqda bo‘lg‘an zig‘ir moyining achchig‘ isini dimog‘qa kelturib urishidan kishiga bir behuzurlik hosil bo‘lar edi. Otabek yo‘lning ayrilishig‘a borib to‘xtag‘an edi. Yuzidan ikkilanish holati sezilar edi. Bu holat ikki yo‘l ustida voqi’ bo‘lg‘anliqdan onglanmog‘i yengil, chunki bir tomonda poyafzal rastasining yo‘li, ikkinchi yoqda to‘g‘ri ko‘cha edi. Uzoq to‘xtab turmay sobit va kuchlik adimlar bilan poyafzal rastasiga yurdi. Garchi bu ko‘cha uning yuziga qizarib-oqarish va bo‘zarib-sar-g‘ayish tuslari berar edi, yana har holda ul sobitqadam edi, o‘sha voqi’adan so‘ng, onalar ta’biricha, «ilon chiqg‘an» bu ko‘chaga birinchi kirishi, birinchi jasorati edi. Ko‘chaning burilishida yana bir oz uning adimlari sekinlashsa ham, lekin oldinlashini qo‘ymay boraverdi. Uzoqdan qutidorning tilsimlik darbozasi ko‘rinib turar edi... Darboza yonidag‘i mash’um tol daraxti ham nomuborak bir ishka guvohlik bergan kabi bo‘lar edi. Borliq kuchini asabiyat markaziga yig‘ib, tag‘in bir qayta darbozaga qarab oldi. Bu qarashida butun o‘tkan kunla-rini yana bir qayta xotirlag‘andek bo‘ldi va ihtizozot orasida uflab yubordi. Ko‘ringan gilos yog‘ochlarining ostida bir vaqtlarda kimdir birav uni kutib olar edi, endi-chi... Endi kimni kutar ekan?— degan savol miyasini shipirib ketdi... Ul Kumushni tamoman o‘z muhabbatida boqiy deb bilar va otasining zulmiga mahkum, deb tushunar edi. Shuning uchun ko‘ringan gilos yog‘ochi-ning kuz bilan sarg‘ayg‘an bargidek Kumushning za’faron yuzini ko‘rdi, o‘zi uchun emas, uning qalbi parchalang‘andek bo‘ldi. Hozir ul kutilmagan bir jasoratka molik bo‘lg‘an kabi edi. Kiraymi, deb o‘yladi, bevosita o‘zi bilan onglashaymi, deb jasoratlandi... Lekin... lekin darbozaning qarshisidag‘i mash’um tol yog‘ochi unga qarab kulgandek bo‘lar edi: «Boringiz, eshigim yonida to‘xtamangiz, orsiz...» Ul darbozaga yaqinlashayozgan edi, nimadandir cho‘chib chetka burildi. Chunki darbozadan chiqib qolg‘an ikki kishini ko‘rib, bularning birini qayin otasi bo‘lib chiqmog‘idan hurkkan edi. Haytovur chiqg‘uchilar begona odamlar bo‘lib, oldinga toba yuriy boshladilar. Boyag‘i «...orsiz» jumlasi bilan uning kirish fikri tamoman so‘ngan edi. Ammo «biravlar» to‘g‘risida nima bo‘lganda ham bir gap eshitmak havasi tug‘ilg‘an edi. Bu chiqg‘uchilar garchi qutidorning iti haqida bo‘lsa-da, bir ma’lumot beralar-ku, deb o‘yladi va ularga yetib olish uchun adimlarini kengaytirdi. Ulardan uch-to‘rt adim berida borar edi. Baxtka qarshi ular churq etmaygina ketar edilar. Nihoyat, yuz adimcha borgandan so‘ng, ulardan so‘z eshitishka to‘g‘ri keldi; birisi ikkinchisiga dedi: — To‘y bilan nikohni bu kunga qilg‘animiz yaxshi bo‘ldi. — Nima, juvonga ham to‘y boshqa, nikoh boshqa bo‘larmidi? Bordi-keldi bitta juvon qizi bor-ku, munga to‘yni boshqa, nikohni boshqa qilamiz deganiga hayronman. — Axir qutidor ham boobro‘ odam-da, — dedi bi-rinchi kishi. Jonso‘z bu xabarni eshitkan Otabeknnig hushi boshidan uchkan kabi bo‘ldi-da, adim uzgan joyida mixlangandek qotib qoldi. Go‘yo ustidan bir chelak qaynag‘an suvni ag‘darg‘an edilar-da, butun terisi oyog‘iga sidirilib tushkan edi... Besh daqiqalab yo‘l ustida esankiragan, hushsizlangan ko‘yi qotib turg‘ach, moshinavori birdan yurib ketdi... «Kishining xotinini taloqsiz chiqarib ol-da, bu kun erga ber», dedi va telbalarcha nima uchundir kulib qo‘ydi, o‘z-o‘ziga so‘zlanib Marg‘ilon ko‘chalarida tentaklarcha yugura boshladi. Uning bu kungi holig‘a qarash yuraklarni yorg‘anidek tasvirga ham qalam kuchi ojizdir... Oyning o‘n beshlari bo‘lsa-da, havoning bulutlig‘i bilan oy ko‘rinmas, chin ma’nosi bilan qorong‘i kuzning qorong‘i bir tuni edi. Bir necha yuz yillardan beri yashab favqulodda zo‘rayib ketkan «Xo‘ja Ma’oz» mozorining chakalagi bu qorong‘iliqqa bir manba’ kabi edi. Kuchlik bir yel turg‘an, qandaydir bir ishka hozirlang‘an kabi to‘rt tomong‘a yugurib yurar edi. Mozor chakalagining bir burchagida tutab yotg‘an to‘nka yonida sochlari o‘sib soqolig‘a qo‘shilib ketkan bir devona bu mudhish qorong‘iliqqa qarshi kurashkan kabi gulxanni yondirishg‘a tirishar, gulxan tavaragidan aylanib qo‘lidag‘i kasavi bilan to‘rt tomonidan kovlar edi. Yel borg‘an sayin kuchlana bordi, chakalak tartibsiz holg‘a kirib ketdi, bitta-yarimta to‘kilmay qolg‘an yaproqlar shitir-shitir to‘kilishka oldilar, qarg‘a va zog‘chalar ayni uyqu zamonida tinchsizlagani uchun yelga qarshi na-moyish qilg‘andek g‘o-g‘u bilan chakalak ustidan aylana boshladilar. Yel kuchaygandan kuchayib borar va shu nusbatda mozor ichi ham yana bir qat qo‘rqunch holg‘a kirar edi, yel ketma-ket bo‘kurar, bunga chiday olmag‘an shox-shabbalar qarsqurs sinar, keksa yog‘ochlar g‘iyq-g‘iyq etib yolborish tovshi chiqarar edilar. Yel ortiqcha bir g‘azab ustida edi, yer yuzidagi tikkaygan narsani bukib-yanchib tashlamoqchi bo‘lg‘andek pishqirar edi. Chinorlardan birisini yerni titratib yiqitdi, devonaning gulxanini ham to‘nka-po‘nkasi bilan ko‘tarib chakalakning ichiga otdi. Butun mozor ichini o‘t uchquni ila to‘ldirib, yana ko‘rinishka boshqacha bir tus berdi. Mozorni bu holg‘a solg‘andan so‘ng go‘yo shuning uchun g‘ayratlangandek bir oz pasaya tushdi, och qolg‘an sher kabi pishqirib bo‘kirishlari bosilg‘andek bo‘ldi. Yarim soat chamasi jonsarakka uchrab uchib yurishka majbur bo‘lg‘an qarg‘alar yelning g‘azabi bosilg‘anini bir-birlariga xabar bergandek g‘o-g‘u bilan eski o‘rinlariga qo‘na boshladilar. Ko‘kni o‘rab olg‘an qora bulutlar ham to‘s-to‘ska bo‘linib, oy ham qora parda ichidan yarim yuzini ochib yer yuziga mo‘ralab qo‘ydi. Gumbazning qarshisidag‘i ikki tup keksa chinorning iskelet kabi quruq shoxlarig‘a yel bilan allaqayoqlarg‘a uchub ketkan boyqushlar to‘pi ham kelib qo‘na boshladilar. Oy parchalang‘an qora bulutlar bilan bekinmachoq o‘ynag‘an kabi hali ko‘rinib, hali yashirinar edi. Ul yer yuziga kulib qarag‘anda mozorning chakalak qismiga aytarlik o‘zgarish bera olmasa-da go‘riston qismidagi do‘mboq qabrlarni va ularning ustidagi marmar qabr toshlarini chuqur bir sukut ichida ekan, taqdim qilar edi. Boyqushlar uyasi bo‘lg‘an ikki tup chinorning qarshisida gunbazga ro‘baro‘ qilib so-ling‘an ayvon-ziyoratxona bor, ammo oy tik ko‘tarilganlikdan ziyoratxona ichi qop-qorong‘i edi. Chinor shoxlari tasbeh kabi chizilg‘an boyqushlar bilan to‘lg‘an. Ular oy nuridan uncha xursand emaslar, chunki oy yer yuziga kulib qaray boshlasa, ular boshlarini kaftlari ichiga oladirlarda, dum-dumaloq bo‘lib siqilib ketadirlar. Oy bulutlar ostig‘a kirsa, ular rohatlang‘an kabi chig‘-chig‘-chig‘, ki-ki-ki qilib sayrab ham yuboradirlar. Bu vaqt shu boyqushlar sayrog‘i ichidan ingranish kabi bir tovish ham eshitilgandek bo‘ladir. Masjid manorasidan ruhoniyyat yog‘dirib munglik azon tovshi eshitildi-da, uyqu quchog‘ida yotqan tabi’at uyg‘onib javob bergan kabi jong‘irab ketdi. «Ollohu akbar»ning so‘ngg‘i takrorida Otabek ziyoratxona ayvonidan tushdi-da, shildirab oqib turg‘an ariq yonida tahorat olishka o‘lturdi... O'tkan kunlar — 36. Kelib qaramag'an baxt Endi uning umidi ortig‘i bilan uzilg‘an esa-da, yuragining yonishi bosilurliq emas edi. Ilon chaqqan kishidek dovdir va besaranjom ko‘zlari bilan tevarakka bejo-bejo nazar tashlar edi. «Nihoyat, otasi o‘z muddaosiga yetdi, qizini yangi kuyavga topshirib tinchlandi, kecha kechasi u...» der edi-da, mundan keyingi og‘ulik haqiqatini bir turlik ham o‘ziga singdira olmas va buni o‘ylamaslikka tirishib va o‘zini alaxsitmoqqa o‘la tevaragiga bejo-bejo nazar tashlar edi. Endi Marg‘ilon qatnab yurishlarg‘a xotima berilgandek va Marg‘ilon ham undan «tag‘in mendan nima ilinjing bor?» deb so‘rag‘andek bo‘lar edi. Ul «Xo‘ja Ma’oz»dan chiqib to‘g‘ri usta Alimnikiga qarab borar edi va u yerdan otini minib umrlikka Marg‘ilon bilan vidolashmoqchi edi esa-da, oshna bir kimsa uning ko‘z o‘ngiga ko‘ringandek va begona rahmsiz bir yigitning quchog‘idan qutilish uchun undan imdod so‘rag‘andek bo‘lar edi. Usta Alim eshigiga yetayozdi. Tom bir ma’yusiyat ichida boshini quyi solg‘an edi, o‘tib turg‘uchlarni payqamas, laxja cho‘g‘ kabi yonib turg‘an yurak o‘ti bilan sarxushdek edi. Qarshidag‘i Sodiqning eshigidan chiqg‘uchini ham payqamay qoldi va bir qarab olsa ham tanimag‘an edi. Otabek usta Alimnikiga kelib kirgach, Sodiqnikidan chiqg‘uchi Homid uning orqasidan qarab yo‘l ustida qotib qoldi... Shokirbekning kecha ertalab chiqg‘anidan beri daraksiz ketishiga tashvishlanib o‘lturgan usta Alim uni yo‘lakda ko‘rishi bilanoq so‘radi: — Eyyy, barakalla sizga, Shokirbek, qayog‘larda qolib ketdingiz? Juda ham tashvishlandim-da o‘zim... Nega bir kunda bunchalik o‘zingizni oldirib qo‘ydingiz? Chindan ham ul o‘zini tanilmaslik darajada oldir-g‘an, o‘lat tekkan kishilardek ko‘zlari ichiga cho‘kib ketkan edi. Kirtaygan ko‘ziga kuch bilan kulgi tusi berdi. — «Xo‘ja Ma’oz»ga borg‘an edim... — Nima uchun? — Tunashka. Usta Alim taajjub ichida yana bir qat uni kuzatib chiqdi: — Tunadingiz?.. Otabek ayvon peshonasiga o‘lturar ekan, ustani shubhada qoldirmas uchun dedi: — Ko‘bdan beri bir tunasam, degan xayolim bor edi. — Buzrukdan so‘rayturg‘an tilaklaringiz bor ekanda,— dedi usta Alim va kuldi. Bu vaqt ikkisi ham yo‘lakda yurib kelgan oyoq tovishig‘a qaradilar. Qo‘pol qilib boshig‘a salla o‘ragan, ustag‘a o‘xshash rangsizgina bir yigit kirib kelar edi. Usta Alim kelg‘uchining istiqboli uchun o‘rnidan turdi: «Eyy, usta Farfi, keling-keling, bormisiz!» dedi. Usta Farfi salom berib, usta Alim bilan ko‘rishdi. Otabek ko‘rishishga hozirlanmagan ham edi, ammo kelguchining o‘zi qo‘l uzatdida, «salomatmisiz, mehmon» deb ko‘rishib oldi. Ayvong‘a o‘lturgach, fotiha o‘quldi. Usta Alim kelguchini xush omadi qilar ekan: — Siz ham kelar ekansiz-a, usta Farfi, — deb pi-ching otib qo‘ydi. Sog‘u salomatlik so‘ralib bo‘ling‘andan so‘ng usta Farfi qarshidag‘i yangi qurilg‘an to‘quv do‘konlariga ishorat qilib dedi: — Ishlar katta-ku, usta. Do‘konlarni ham qurib yuboribsiz. — Do‘konni qurg‘animizg‘a endi o‘n besh kuncha bo‘lib qoldi. Fotiha o‘qishg‘a kelarmisiz, deb kutdim, shu choqg‘acha daragingiz bo‘lmadi. — O‘zingizning boshingizdan o‘tkan, usta, — dedi biravning kafilini olg‘andan so‘ng ishni tashlab chiqish qiyin, jum’aning sharofatlari bilan oshna-og‘aynilarnikiga borilmasa boshqa iloji yo‘q, axir o‘zingizning ham boshingizdan o‘tkan-ku. — Yo‘q-yo‘q, — deb kuldi usta Alim, — men sizga o‘xshab do‘konning ustida sira tuxum bosqan emasman, simkorni ko‘zim qiymaydir desangiz, men ishonar edim. — Bu gapingiz to‘g‘ri, — dedi kulib usta Farfi, — jo‘jalari tushkir yildan-yilga ko‘payib boradirlar, qozonni suvga tashlag‘an kunimiz janjal. Usta Alim dasturxon yozish uchun hujrasiga kirganda usta Farfi Otabekka qaradi. — Sizniki qayerdan, mehmon? — Toshkanddan. — Juda yaxshi, qani yuqoriga chiqing, mehmon, — dedi. Otabek rahmat aytib joyidan qo‘zg‘almadi. Usta Farfi uni yana bir qat ko‘zdan kechirib olg‘ach, cho‘k-kalashini buzib chordana qurib oldi. Dasturxon yozilib, ertangi nonishta uchun damlab qo‘yilg‘an choy olinib kelindi. Usta Alim Shokirbekni yuqorig‘a chiqishg‘a qistasa ham ul kavshini yeshmay eskicha o‘ltura berdi. Un-dan-bundan so‘zlashib choy ichishka boshladilar. Usta Alim bilan usta Farfining so‘zlaridan ilgarida bir ustakor-nikida ishlaganliklari, mundan yigirma kunlar burun usta Alimning ustakor bilan nima uchundir urishkanligi va shundan so‘ng o‘z uyiga do‘kon qurib o‘zicha ishlay boshlag‘anlig‘i onglashilar edi. Usta Farfi undan achchig‘lanish sababini so‘rasa ham ul qanoatlandirarlik javob bermas, faqat «yomon odam ekan, to‘ng‘iz» bilan kifoyalanar edi. Shu vaqt Otabek qo‘lidag‘i piyolasini bo‘shatdi-da, usta Alimga dedi: — Endi menga ruxsat berasiz, usta. Men jo‘nayman. Usta Alim ajabsinib unga qaradi va: — Nega tag‘in ketmakchi bo‘lib qoldingiz? Uch-to‘rt kun turmoqchi emasmi edingiz? — deb so‘radi. — Marg‘ilondag‘i ishlarim bitib qoldi, o‘zim ham zerikib boshladim... — Bo‘lmasa choy tugalsin, shundan so‘ng sizga ruxsat,— dedi usta Alim va bir piyola choy to‘ldirib berdi. Otabekning izn so‘rashi bilan bo‘linib qolg‘an savolini usta Farfi davom etdirdi: — To‘g‘risini aytingiz-chi, usta, nima uchun ustakor bilan achig‘lashdingiz? — U sizga aniq aytmadimi? — Aytmadi. So‘rasam, gapni boshqa tarafka chalg‘i-tadi. — Imonsiz, aytishka uyalg‘an, — dedi usta Alim va kimgadir nafratlanib qarag‘andek bujmayib qo‘ydi. — Haytovur siz bilan achchig‘lashqan sababini so‘ra-sam, gapni chetka buradi. Usta Alim qo‘lidag‘i piyolasini qult etib bo‘shatdi-da, ustakori bilan achchig‘lashish sababini so‘zlab berdi: — Men Homidning qaynim Sayfiga yomon ko‘z bilan qarab yurganini sal-pal sezib yurar edim... Urisha-turg‘on kunimizning ertalabida Sayfini ilgariroq ishka jo‘natdim-da, o‘zim nimagadir urinib kechroq qolib bordim. Darbozadan kirishim bilan ishxona ichidan kim-ningdir yig‘lab-yolborg‘an tovshini eshitib ajabsindim va ishxona eshigini ochib kirsam, imonsiz Homid qay-nimg‘a zo‘rliq qilib turg‘an ekan. Eshik ochilish bilan cho‘chib Sayfini bo‘shatdi-da, menga qaradi. Men achchig‘imdan nima deyishni bilmay qolg‘an edim. To‘ng‘uz ishxonadan chiqib boshlag‘an edi: «Sen bilan otangg‘a yigirma yillab xizmat qilib, nihoyat sendan ko‘rgan yaxshilig‘im shu bo‘ldimi?» dedim. Churq etmay chiqib ketdi. Nimagadir, siz, Karim va Ortiqboylar ham ishxonaga kelmagan ekansizlar. To‘ng‘uz vaqtdan foydalanib Sayfiga yopishqan ekan. Mana, oramizdan o‘tkani shul. Uning orqasidan men ham Sayfini olib chiqib keldim-da, ikkinchi uchrashmay uyga do‘kon qurish harakatiga tushdim, — dedi. Usta Farfi ham ustakorning bu qilig‘idan nafratlangan edi: — O‘bba padarla’nati, hali shunaqa ish qildi deng-chi? O‘zi odam emas, hali bu uning hunarlarining eng pachog‘i, — dedi va tovshini sekinlatib davom etdi: — badbaxt, aqllar ishonmasliq darajada bo‘lgan har bir yomonliqlarni qilar ekanki, biz bilmas ekanmiz. Otabek usta Alimning hikoyasini iltifot bilan eshitkan edi. Shuning uchun undan so‘radi: — Bu qanday Homid, qora cho‘tir kishi emasmi? Men hali uni qo‘shningiz uyidan chiqg‘an holda ko‘rgan edim. Usta Alim ajabsinib Otabekka qaradi: — O‘sha-o‘sha, siz uni qayoqdan taniysiz? — Uning bilan allaqayerda so‘zlashkanim bor edi. Usta Farfi Otabekka kulgi aralash qarab olib dedi: — Bo‘lmasa, uning qo‘lansa so‘zlariga xo‘b zavqlan-g‘andirsiz. Otabek ma’nolik qilib iljaydi. Ularning so‘zi shu yerga yetkanda ro‘ymolda tugiglik bir narsa ko‘targani holda Sayfi kirib keldi, salomdan so‘ng usta Farfi bilan ko‘rishdi va Otabekka qarab dedi: — Kecha sizni kuta-kuta oshlarimiz sovib qoldi, bek aka. — Men bu kungami, deb o‘ylabman, — dedi kulib Otabek. Sayfi hovliqib bir narsa deyishka hozirlanar edi: — Bu kun kechasi hammomning og‘ilida biravni o‘ldirib ketibdirlar, — dedi. — Kimni? — deb so‘radi usta Alim. — Kim ekanini bilmadim. Usta Farfi javob berdi: — Kelishimda qo‘rboshilar boshliq o‘lukni aravaga ortar ekanlar, o‘ldirilgan Salim sharbatdorning o‘g‘li bechora Komilbek. — Tavba, — deb qo‘ydi usta Alim va so‘radi: — o‘ldurg‘uchi ushlanganmi? — Ushlanish qayog‘da, o‘lukning o‘zini qidira-qidira zo‘rg‘a yarim kechada topqanlar, — dedi usta Farfi. Otabek bu xabarni sovuqqina eshitib o‘lturar edi va fotiha o‘qub turishka hozirlanar edi. — Gumondor bormi? — dedi usta. — Gumondor-ku yo‘q, ammo bechoraning o‘lumi juda qiziq kunga to‘g‘ri kelishi ajib, — dedi usta Farfi va davom etdi: — Kecha Komilbekning Mirzakarim aka-ning qizi bilan nikohlari bo‘lmoqchi ekan. Bechora nikohdan ikki soat chamasi ilgariroq yonig‘a bir o‘rtog‘ini olib hammomga borg‘an va bir onda hammom ichidan yo‘qolg‘an, hatto uning yonidag‘i kishi ham qayoqqa ketkanini sezmay qolg‘an. Qiznikida hamma tajammulni tayyorlab, Komilbekning otasidan tortib nikoh qila-turg‘an qoziyu quzzotlarg‘acha kuyavni kutib o‘lturar ekanlar. Bir vaqtda haligi birgalashib hammomga tushkan yigit hovliqib qiznikiga kelgan, kuyav kutib o‘ltirganlar kuyavdan darak so‘rasalar, ul ulardan kuyavni so‘rag‘an va voqi’ani aytib, hammomda kiyimlarini ham qoldirib bir onda yo‘qolg‘anini xabar bergan. Shundan so‘ng nikoh-nikohda, osh-oshda qolib kuyavni qidirib ketkanlar. Nihoyat, yarim kechada hammomning tahoratxonasi yonidag‘i bir og‘ilning oxiridan qonig‘a belashib yotqani holda topqanlar. Bechora tahorat uchun og‘ilg‘a kirganda tovush chiqarmasliq yeriga xanjar urib, oxirg‘a tiqib ketkan ekanlar. Juda qiziq gap... Kim o‘ldirg‘an va nima uchun o‘ldirilgan hech kim bilmaydir,— dedi. Otabek tamom onglashilmag‘an bir holatda qolg‘an edi. Bu xabardan quvonishg‘a-da bilmas va xafalanishg‘a ham yo‘l topmas edi. Raqibning o‘ldirilishi uning tamom so‘nib bitkan umidini yana qaytarg‘andek bo‘lsa ham, nima uchundir ul bu ishdan o‘ziga tinchlik ortdira olmag‘an, aksincha tinchsizlana boshlag‘an edi. Bu foji’adan ortiqcha asarlangan usta Alim «voy bechora-bechora», der edi. — Birarta dushmani borlig‘i ma’lumdir, axir? — deb so‘rab qo‘ydi. — Albatta bordir, — dedi usta Farfi va Otabekka qarab qo‘ydi. Bu qarashdan Otabek borliq-yo‘qliq holg‘a kirgan edi. Usta Farfi davom etdi: — Dunyoda qanday odam yo‘q, deb o‘ylaysiz, kishining rizqig‘a tupurganlar, oxiratini o‘ylamag‘anlar hamma yoqda ham to‘lib yotibdir, — dedi, yana Otabekka qarab oldi... Otabek yorilish darajasiga borib qaytdi... Usta Farfining bu keyingi qarashini usta Alim payqag‘an edi va usta Farfining bu to‘g‘rida bir narsa bilib-da, so‘zlashka Otabekdan mulohaza qilib to‘xtadimi, deb o‘ylag‘an edi: — So‘zlay beringiz Farfiboy, bu kishi o‘zimizniki-dir,— dedi. — Nimani so‘zlay berayin? — Komilbekning dushmani to‘g‘risida bilganingizni. — Men sizga bir narsani bilaman, dedimmi? — dedi va kulib Otabekka qaradi: — bu odamning o‘smoqchilashini qarang-a? Bu so‘z bilan Otabek bir oz yengillashdi. — Menga bir-ikki qayta qarab olg‘aningiz uchun bilsangiz ham so‘zlashka mendan yotsindingizmi, deb usta o‘yladilar shekilli, — dedi Otabek. — To‘g‘risini aytsam, siz bu to‘g‘rida bir narsa bilasiz, lekin so‘zlashka Shokirbekdan cho‘chib turasiz, — dedi usta. — Quruq tuhmatni qo‘ying-chi, — dedi usta Farfi. — Quruq tuhmat emas, bilib tuhmat, — dedi usta va:— Shokirbek siz o‘ylagan kishilardan emas, aslo tap tortmay so‘zlay bering, — dedi. — Astag‘firulloh, — deb kulib qo‘ydi usta Farfi va bir oz o‘ylab olg‘ach dedi: — Siz bilan menga shu narsa-ning nima zarurati bor, usta! — Avvalo so‘zlamayturg‘an bo‘lg‘andan so‘ng puk berish kerak emas, tildan ilingandan keyin bizga zarurati bo‘lmasa ham bilganni aytish kerak, — dedi usta Alim. Ayniqsa ustadan ko‘ra ham Otabek sabrsizlana boshlag‘an edi. Hozirgina o‘ylab turg‘an jo‘nash masalasi ham uning esidan chiqg‘an, chunki raqibining qotili kim ekanligini bilib olish hammadan ham unga qiziq va ahamiyatli edi. Usta Farfi endi aytmasa bo‘lmaslig‘ini ongladi, shu-ning uchun Sayfiga ishonmag‘ansumon qaradi: — Jiyan, sen yoshsan hali, sening og‘zingga ishonch yo‘q, — dedi va: — bir oz do‘koningga borib tur, achchig‘ing chiqsa ham. Usta Alim ham qaynisini turishka ishorat qildi va o‘radan savzi olib to‘g‘rashga buyurdi. Bola ketgach, usta Farfi ohistagina dedi: — Agar gumonim to‘g‘ri bo‘lsa, Komilbekning qotili Homiddir. Bu so‘z Otabekni ajabsintirg‘andek, usta Alimga ham g‘arib eshitilgan edi. — Homid deysizmi?! — deb so‘radi usta Alim. — Homid, — dedi, yana sekingina usta Alimdan so‘radi: — siz Umarbekni Homidg‘a yaqin do‘st ekanligini bilarsiz, albatta? — Bilaman, hamma vaqt yurish-turishi o‘shaning bilan edi. — Bali, — dedi usta Farfi, — O‘sha Umarbek bilan oralarig‘a yaqinda bir sovuqliq tushdi-da, mundan o‘n kuncha ilgari Homidning bir mudhish vahshati to‘g‘risida Umarbekdan bir sir eshitdim. Homid Komilbekni o‘ldirganda ustida bo‘lmag‘an bo‘lsam ham, ammo haligi eshitkan sirimnnig dalolatiga qarab albatta Komilbekning qotili Homid degan fikrga tushdim... Siz mundan uch yilcha ilgari Marg‘ilon kelib Mirzakarim akaning qizig‘a uylangan Otabek ismlik toshkandlik bir yigitni haligi qayin ota bo‘lmish Mirzakarim aka bilan qamalib, osilishg‘a hukm qiling‘anlarida dor ostidan qutqarilish voqi’alarini xotirlaysizmi?.. Albatta yodingizda bo‘lsa kerak, hov, biz Sariboyning do‘konida choy ichishib o‘lturg‘an edik-ku, yodingizga tushdimi? — Esimda bor, esimda bor, — dedi usta Alim va Otabekdan so‘radi, — balki siz tanirsiz, Toshkandda mashhur bo‘lg‘an Yusufbek hoji deganning o‘g‘li. — Taniyman, — dedi Otabek va hikoyani buncha uzoqdan solg‘ani va o‘z ustida gap yurgizgani uchun tong ajab ichida usta Farfining og‘zig‘a qarab qotqan edi. Usta Farfi yarim-yarim tovishda davom etdi: — Ana shu yigitning olg‘an xotini juda ham nozanin bir qiz bo‘lib, bu qizg‘a bizning Homid ham xaridor ekan. Halig‘i Otabek qizg‘a uylanib qo‘yg‘ach, bizning Homid tikanga ag‘nab, oradan Otabek bilan Mirzakarim akani ko‘tarish fikriga tushkan va bo‘lmag‘an chaqimchiliqlar bilan ularni dor ostig‘acha tortishg‘a muvaffaq bo‘lg‘an... (So‘z bu yerga yetkanda, Otabek bilintirmaslik qilib bir entikib qo‘ydi). Usta Farfi davom etib dedi: — Ammo xudoning haqini nohaq qilmaslig‘i so-yasida bir maktub sababi bilan kutmagan joyda dor ostidan najotka chiqg‘anlar. Bular oqlang‘ach, Homidning o‘zi qamalaturg‘on bo‘lib ammo qo‘rboshining yordami orqasida Qo‘qong‘a qochib qutilg‘an va ul yerda ham tinch yotmay O‘tabboy qushbegini poraxo‘rlikda ayblab, Musulmon cho‘loqqa ariza bergan, — dedi va so‘zini bu yerda to‘xtatib ustadan so‘radi: — O‘zingiz ham bilsan-giz kerak, Homid bir kecha yo‘qolib, uch oylab bedarak ketkan va uni qo‘rboshi yigitlari qidirib yurgan edilar. Usta Alim tasdiq ishorasini berib: — So‘zlay beringiz, — dedi. Ammo Otabek bu dahshatlik haqiqatni eshitmakda bo‘lg‘an quloqlarig‘a ishonmas va o‘zini kuch orqasida tutib turar edi. — Homidning Musulmon cho‘loqqa bergan arizasidan so‘ng Otabek bilan O‘tabboy qushbegi Qo‘qong‘a chaqiriladirlar-da, so‘roqdan so‘ng yana oqliqqa chiqadirlar. Ammo Homid uch oylab Marg‘ilon kelalmay yurgach, nihoyat yana qo‘rboshining yordami bilan kelishka ham muvaffaq bo‘ladir. Biroq Homid hanuz tinch yotolmaydir. Fursati kelishi bilan yana bir yomonliq qilmoqqa, qutidorning qizini o‘ziniki etishka o‘ylab yuradir. To‘ng‘izning baxtiga bu fursat ham to‘g‘ri kelib, yana yomonliqqa yuz qo‘yadir. Shundoqki, Otabekning Toshkanddan ham uylanganini bilib, uning tilidan bir taloq xati yozdiradi-da, Mirzakarim akanikiga kirguzadir. Otabek o‘zini nechog‘liq bosib ushlab kelgan bo‘lsa ham, lekin endi ichidan qaynab toshib ketkan hissiyo-tini bosolmadi — «vijdonsiz, to‘ng‘uz!» dedi-da, ixti-yorsiz o‘rnidan turib ketdi. Usta Alim ham o‘zini tinch tutolmadi, «Badbaxt, kofir!» deb qo‘ydi. Otabekning o‘zgarishidan usta Farfi shubhaga tushayozg‘an bo‘lsa-da, lekin usta Alimning ham unga qo‘shilishi uni o‘yla-tib turmadi, Otabek qaytib o‘rniga o‘lturg‘ach, ul davom etdi: — Bu soxta taloq xati to‘g‘risida Otabekning nima qilg‘anlig‘i Homidga ham ma’lum bo‘lmaydir. Lekin ish Homidning o‘ylag‘anicha natijalanib, bir necha vaqtdan so‘ng Mirzakarim akaning qizini taloq qilinishi xabari chiqib qoladir. Oradan uch-to‘rt oyni o‘tkazub, bizning Homid Mirzakarim akanikiga sovchi kirguzadir. Ammo Mirzakarim aka uning sovchilarini quruq qaytaradir. Bir necha vaqtdan so‘ng, Homidning soxta taloq xatisi bilan eridan chiqg‘an qiz Komilbekka beriladir va nima uchundir to‘ylari bir necha vaqtka kechikib qoladir-da, oradan birar yilni o‘tkazib, nihoyat, kecha ularning to‘y va nikoh kunlari ekanki, Komilbekning hammomda o‘ldirilgan xabarini eshitib turibmiz. Mana men yuqoridag‘i sabablarga binoan Komilbekni o‘ldirguchi aniq Homid, deb o‘ylayman, — dedi. Usta Alim boshini chayqab: — Bundan shubha yo‘q, nax Homidning o‘zi, — dedi va o‘zicha: — Eh, essiz musulmonchiliq, shunchalik ham insofsizlik bo‘ladimi, o‘zingning bir emas ikkita xotining bo‘laturib, tag‘in bir yigitning haloliga ko‘z olaytirish... Yana o‘zingning bo‘ying yetmasligini bilaturib ham, ikki orada bir gunohsizning qonini to‘kish — eh, shayton bolasi! — deb qo‘ydi. — Bu bir it! — dedi usta Farfi, tomdagi luqmani o‘zi ham yeyolmaydir, boshqag‘a ham yedirmaydir, nax itning o‘zi! Otabek o‘z hayotidagi foji’alarning manba’i bo‘lg‘an bir habisni nihoyat birinchi martaba tanib turar edi. Bu palid dushmanga qarshi o‘zida qo‘zg‘alg‘an bitmas-tuganmas nafrat va g‘azab hissiyotini sirining fosh bo‘lishidan qo‘rqib ichiga yutishka majbur edi. Shundoq bo‘lsa ham ichda qaynag‘an hissiyot o‘z sharpasini uning yuziga ochiq tashlab turmoqda, ko‘zi o‘t kabi yonar va yuzi yuz xil tuska kirar edi. Anchagina oradan so‘z kesilib qolg‘andan so‘ng usta Farfi dedi: — Siz bilan men shu choqg‘acha Homidning bunday ishlari bor ekanidan xabarsiz yurganimizga hayron qolaman. — Hayron qolishg‘a o‘rin yo‘q, — dedi usta Alim, — siz-ku yaqinda kirib ishlay boshladingiz. Ammo men yigirma yillab shuning uyida qolib sira ham Homidning ichidagiga tushuna olmas edim va hamisha ko‘zimga dimlangan qorong‘u o‘radek qo‘rqunch ko‘rinar edi, — dedi va bir oz to‘xtab olg‘ach, bir narsa topqandek harakat yasadi.— Bu gaplarning bosh omili albatta Homid bo‘lsa ham, lekin bunda uning boshqa yordamchilari ham bor ko‘rinadir, yodingizda bormi, ko‘pincha chaxchayg‘an ko‘zlik bir yigit ishxonamizga uni so‘rab borar edi? — Bilaman, bu kunda ham Homid bilan sermuomala, oti Sodiq bo‘lib, sizning qo‘shningiz emasmi? — Otangga rahmat! Ana shu yigit bilan uning onasi bu ishda Homidning eng ishonchlik yordamchilari bo‘lsa kerakki, ul ikki yildan beri shu qo‘shnimnikiga hamisha qatnab qolg‘on edi. Sodiqlar o‘z ovqatlarini ham o‘tquzolmag‘an holda faqirlikda yashab yil sayin menga oz-oz yerlaridan sotib tiriklik qilar edilar. Bir yilcha bo‘ldi, birdan suv olib qoldilar va Sodiq uylanib ham qo‘ydi. Men haytovur bechora yo‘lini topib oldiyov deb yurar edim. Endi bilsam, Sodiqni uylantirguchi ham shu Homid ekan, — dedi va Otabekdan so‘radi: — Siz hali Homidning qo‘shnimnikidan chiqib ketkanligini so‘zlab edingizmi? — Otabek tasdiq ishorasini bergach, negadir bir entikib qo‘ydi. Haqiqatan usta Alimning bu keyingi so‘rog‘i uni entiktirarlik edi. O‘tkan kunlarini zahar bilan bulg‘ab kelgan bu mudhish dushmaniga qaysi yo‘sun bilan javob qaytarish yo‘llarini izlab turg‘an choqda bu savol berilib, Homid bilan boyag‘i uchrashishini unga xotirlatqan va endi ham kulib qaramag‘an baxtig‘a la’nat o‘qutqan edi. Ul o‘zining hozirgi hayotini-da ulug‘ tahlika ostida bo‘lg‘anlig‘ini va bu tahlikaning o‘tkandagilarga qarag‘anda tamoman boshqacha bir dahshatda bo‘lishini onglar edi. Usta Alim oshxonag‘a borib osh qilish harakatiga tushkan edi. Otabekning to‘satdan ketish harakatiga tushib qolg‘anini ko‘rib: — Bek, shuncha o‘lturganning qatorida yana yarim soatka tahammul qilsangiz, oshni yeb yo‘lg‘a tushasiz. Mana men, savzini ham bosdim, — dedi. Otabek qaytib o‘lturmadi va havlining o‘rtasidan turib uzr aytdi: — Rahmat, usta, men bu kun oshig‘ich yurib, erta-lab jo‘nab ketgan yuklarning ketidan yetib olmasam bo‘l-maydir. — Oshni tashlab ketsangiz xafa bo‘laman, qirqqa chidagan qirq biriga ham chiday oladir. — O‘lturing-o‘lturing, mehmon, — dedi usta Farfi.— Oshg‘a savzi bosildi — pishdi! — Men ustaning oshini birinchi martaba yeb yot-qanim yo‘q, agar savdogarchilik omon bo‘lsa, har o‘n besh kunda bir kelib ustaning jonig‘a ham tegaman, — dedi Otabek va boqchag‘a qarab yuriy berdi. Usta Alim oshg‘a savzi bosish bilan ovora edi: — Men sizni zo‘rlamayman, lekin yo‘l ustida qorningiz ochib qolsa, o‘zingizdan o‘pkalang, — dedi. Otabek maydonda otini supirib egarlar ekan, maydonning g‘arbidagi xaroba uyning devoridan bir bosh ko‘tarilib munga qarab turar edi. Mundan uning xabari bormidi, yo‘qmi, lekin ul bu tomong‘a qaramasdan otini egarlash bilan mashg‘ul edi. Ul egarlanib bo‘ling‘an otini havlig‘a qarab yetaklay boshlag‘anda, havliga qarab turg‘an bosh ham devordan quyig‘a tushib yo‘qoldi. Ul otini havlining o‘rtasig‘a qantarib qo‘yib ayvondag‘i xurjun va po‘stunini olar ekan, usta Farfi bilan xayrlashdi. Otni Sayfi yetaklagani holda usta Alim Otabekni ko‘chaga uzatib chiqdi va uning qo‘ltug‘idan olib otka mindirar ekan, o‘pkalash ohangida dedi: — Oshni tashlab ketkaningizni unutmang, bek. Otabek egarga o‘lturib olg‘ach so‘radi: — Xafa bo‘ldingizmi? — Nega xafa bo‘layin, ammo yo‘lda ochiqib qo-lishingiz uchun sizga achinayotibman. — Tayyor oshni tashlab ketib, yo‘lda ochliqdan qiynalishimni o‘zim ham tushunib turibman, usta, — dedi Otabek va, — biroq tuyakashlar bilan Andijonda bu kunga uchrashish uchun va’dalashkan edim, ularga yetib olib yo‘l xarajatlar uchun bir oz aqcha bermasam, ya’ni o‘z rohatimni ko‘zlab sizni oshingizni kutib qolsam, besh kishini ko‘rabila turib och qo‘yg‘an bo‘laman. Usta Alim otning jilovidan qo‘lini olib so‘radi: — Andijon o‘tkan kezlaringizda yo‘l ustidan kirib turishka va’da berasizmi? — Bo‘lmasa-chi, — dedi Otabek, — shu o‘n besh kunning ichida sakkiz tepki atlasdan loaqal ikki ko‘ra yig‘ib qo‘yingiz, yodingizdan chiqarmangiz! — Yodimda bor, xotirjam’ bo‘lingiz! — Xayr, xo‘sh! — Yaxshi qol, Sayfi! Saman yo‘rg‘a yo‘lga tushdi, chovig‘a odatdan tashqari bir-ikki qayta kelib tushkan achchig‘ qamchi zarbi bilan bir onda ko‘zdan g‘oyib bo‘lib ketdi. Otabekni uzoqlatib usta Alim uyga kirgan ham edi, Jannat opaning eshigi ochildi-da, Sodiq ot yetaklagan holda chiqib keldi. Ul otqa minar ekan, eshik ichida ko‘ringan Homid — «tezroq!» — degan amrni berdi. Sodiq ham Otabek izicha otini haydab yubordi... Usta Alim Otabekni kuzatib kelib, ayvon peshonasiga o‘lturar ekan: — Tabi’ati juda qiziq yigit-da, — deb qo‘ydi. Usta Farfi so‘radi: — Bu yigit bilan qanday oshnalig‘ingiz bor? — Men sizga o‘zog‘i yili bir yigitning Homidning darbozasida adashib yurganligini va men bilan birga havlig‘a kelib bir kun yotib ketkanligini so‘zlab edim shekillik? — Ha, ha, hali o‘sha yigit shumi? — Shu. Shundan beri har bir Marg‘ilon kelganida va Andijon o‘tkanida maning oldimg‘a kirmasdan ketmaydir. O‘zi juda og‘ir va aqllik yigit, buning ustiga qiziq tabi’ati ham bor, — dedi. — Qizig‘i qanaqa, — deb so‘radi usta Farfi. — Juda qiziq, — dedi usta va kechagi voqi’ani so‘zlab chiqdi. — Kecha ertalab shaharni bir aylanib kelayin deb chiqib ketkan va tushlik oshka yetib kelish uchun va’da ham bergan edi. Men va’da vaqtig‘a oshni damlab o‘lturibman-o‘lturibman, sira kelsachi! Nihoyat, sizdan sal ilgariroq kelib turg‘an edi. So‘rasam: «Xo‘ja Ma’oz»ni tunab qoldim, deydir. Ko‘zi uyqusizliqdan bir qarich ichiga tushib ketibdir. Juda ham tabi’ati qiziq yigit. — Yaxshi yigit ekan, — deb qo‘ydi usta Farfi. Oshni yeb bo‘lg‘anlarida u yoq-bu yoqdan jum’a tovshi kela boshlag‘an edi. Shuning uchun choy ichib o‘lturishka to‘g‘ri kelmay usta Farfi usta Alimdan ilgariroq namozi jum’aga qo‘zg‘aldi va eshikdan chiqishi bilan o‘z uyidan kelayotqandek ko‘ringan Homidga uchrashdi. — Ha, usta Farfi, baxay? — dedi Homid. — Usta Alimnikiga kelgan edim. — Bo‘lmasa ziyofat quyuq ekan-da! — Quyuq! — dedi kulib usta Farfi, — usta Alim o‘z uyiga do‘kon qurg‘an ekan, gilalab yurmasin deb fotihaga kelgan edim. — Shundoqmi! — deb qo‘ydi Homid. Birgalashib keta boshladilar. — Bo‘lmasa usta Alim o‘z uyiga do‘kon quribdir, deng-chi! — Do‘kon quribdir. — Arvoh piri bermasdan-a? — Qishda arvoh piri qilib bermoqchi! — dedi usta Farfi. Yana bir necha daqiqag‘a oradan so‘z kesilib qoldi. — Osh qilib bergandir? — Albatta. — Boshqa mehmon ham bor ekanmi? — deb so‘rab qo‘ydi Homid. Usta Farfi Otabekning Homid bilan uchrashg‘anini xotirlag‘an edi. — Toshkandlik bir savdogar mehmoni ham bor ekan,— dedi. Masjidga yaqinlashib qolg‘an edilar. Homid yana nimanidir so‘ramoqchi bo‘lsa ham, usta Farfi shoshib masjidga burildi. O'tkan kunlar — 37. Raqib izidan O‘n olti-o‘n yetti kunlik oy oq bulut ichidan qo‘toslanib ko‘rinar edi. Hamma xuftan namoziga kirib ketkan, ko‘chalar suv quyg‘andek tinch edi. Ko‘chaning bu tinch paytidan foydalang‘an kabi usta Alimning eshigi yonig‘a kelib to‘xtag‘an kimsaning kim ekanligini bi-lish uchun oy yoruqlig‘ig‘a qarshi tushkan bo‘g‘ot xalal berar edi. Bo‘g‘ot panasida va eshik halqasida qadalib bir muncha vaqt nimanidir kutib turg‘an bu kishi nihoyat, avaylabgina eshikni ochib o‘zini yo‘lakka oldi. Tag‘in anchagina eshikning ichkarigi qismida turg‘ach, ochishidag‘i ehtiyot bilan eshikni yopdi. Oy yoruqlig‘i uch burchak ravishda yo‘lakka tushib turar edi. Bu noma’lum kimsa oyoq uchi bilan yurib keldi-da, mo‘ralab ayvong‘a qaradi. Ayvonning tokchasida sham’ yonib, Sayfi o‘rin yozish bilan ovora edi. Noma’lum kimsa yo‘lakning qorong‘i qismig‘a o‘zini olib, ko‘zini Sayfidan uzmay tura boshladi, Sayfi o‘rnini to‘shab bo‘lg‘andan so‘ng ayvonning peshonasida yozilib yotqan dasturxon va laganni ko‘tarib hujraga kirdi. Yo‘lakdagi majhul kimarsa go‘yo shuni kutib turg‘andek oyog‘ uchini onda-sonda tashlab o‘zini maydon ichiga oldi... Bargi to‘kilib quruq shoxlari bilan qolg‘an maydon ichi tumanlik oydin, majhul kishi yuzini oyding‘a berib, xaroba uy ostida qadalib turg‘anliqdan uning kim ekanligini tanish oson edi. Bu alamzada, zulmdiyda yuz eng so‘ngg‘i kurashka hozirlang‘an bir yigit edi... Otabek xaroba uy devori yonida so‘ng chekdagi bir e’tibor bilan ichkariga quloq solmoqda edi. Ichkaridan o‘tin yorib o‘choqqa o‘t qalash harakatlari eshitilar, gohi xotin kishining tovshi ham kelib qo‘yar edi. Ul bir-ikki qayta ohista adimlar bilan xaroba uylarning u boshi bilan bu boshig‘a borib keldi, ya’ni ichkariga oshib tushmak uchun qulayroq o‘rin chog‘lar edi. Xaroba imoratlarning o‘rta bir yeridagi raxnadan oshib tushish qulayroq bo‘lg‘ani uchun shuning ostig‘a shumshayib o‘lturdi. O‘lturishi hamono qayoqdandir oyoq tovshi eshitkandek bo‘ldi-da, sekingina o‘lturgan joyig‘a yerga singgandek qilib yotib oldi. Oyoq tovshi to‘xtab narigi yoqdan usta Alimning tovshi keldi. Usta Alimning xuftandan qaytib kelganligini ongladi va uning maydonga kirish ehtimoli bo‘lg‘anliqdan shu ko‘yi yotaberdi. Vaqt juda sekin harakat qilar edi. Ul o‘zining har bir yurak tepishini sanag‘andek o‘tkuzar edi. Kuzning yoqimsiz shamoli o‘pkani qichitib, yo‘talni qistatar, ul chalqancha yotqan ko‘yi og‘zini o‘ramlab ko‘mak kutkan kabi ko‘kka ko‘zini tikkan edi. Oradan bir-bir yarim soatlar chamasi vaqt o‘tib ketdi. Tevarakdan «jannat qushlari»ning birinchi tovshi qichqirilib o‘tdi, shu kezda xaroba havli tomondan bir necha oyoq tovushlari eshitildi-da, ul o‘rnidan turib quloq solishg‘a majbur bo‘ldi. Bir muncha vaqt onglashilmag‘an so‘zlashish tovushlari kelib turgach, darichaning g‘iyq etib ochilishidan so‘ng, bu tovushlar yana ham uzoqlashdilar. Otabek devorg‘a intildi va sekingina yuqorig‘a ko‘tarildi. Buzuq uyning darichasi-dan narigi qatordag‘i ayvon va undagi o‘choqda yonib turg‘an o‘t ko‘rindi. Ammo ochiqqina bo‘lib uy ichidan kishilar tovshi kelar edi. Ul o‘marilmasliq etib devor ustiga mindi va osong‘ina xaroba uy ichiga o‘zini oldi. Chunki uy tomi o‘pirilib ostig‘a bosqanliqdan uyning sahni juda ham yuza edi. Avaylab uch-to‘rt adim bosdi-da, uyning buzuq darichasi yonig‘a kelib to‘xtadi va mo‘ralabqina havli yuziga qaradi. Qarshidag‘i uyning har ikki darichasi ham yopiq, ammo tirqishlaridan sham’ yoruqlig‘i ko‘rinar va boyag‘ig‘a qarag‘anda sekinroq bir tovushda g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir so‘zlashish eshitilar edi. Oradan o‘n besh daqiqa chamasi fursat o‘tib tovushlar bir oz yuqorilashib kelmakka boshladi. Bu orada uydan qo‘lig‘a lagan ushlagan bir xotin chiqdi-da, qozondan laganga bir narsani ko‘tara berdi. Otabek go‘yo shuni kutib turg‘andek uzoq bir tin oldi va o‘zini chetka burdi. Xotin lagan bilan uyga kirib ketkach, ichidan taqing‘an xanjarini qinidan sug‘urib oldi-da, damini oyding‘a solib boqdi va xanjarining uchini yonboshidan orqasig‘a o‘tquzib ushladi, yana uyni kutib to‘xtadi. Xotin yana chiqg‘an va toboqlarg‘a sho‘rba suza boshlag‘an edi. Uyga bir-ikki qatnab suzilgan sho‘rbalarni tashib bitirgan, uyning eshigini bekladi-da, kirib ketdi. Otabek havlining o‘rtasig‘a, tut yog‘ochining yonig‘a kelib to‘xtag‘an va janubda kishi yo‘qmi, deb alang‘lar edi. Ul bu to‘g‘rida bir qanoat hosil etkach, bitta-bitta bosib kishilik uyning yo‘lak tomonidag‘i darichasi yonig‘a yetdi va o‘zini so‘ng chekda ehtiyotlab daricha ostig‘a o‘lturdi. O‘lturishi hamono dimog‘ig‘a ichkulik bilan sho‘rba isi kelib urdi. Uydagilarning so‘zlarinigina emas, hatto tomoq chaynashlarini ham eshitsa bo‘lar edi. Ichkaridan kimdir birav shap-shap etib chaynab der edi: — Endi menga berma, Sodiq, Mutal polvong‘a beraver! Otabek bu tovushning kimniki bo‘lg‘anlig‘ini bilgan edi. — Hadeb menga beraverasanlarmi, oralatib Jannat opamga ham berib qo‘y, xa-xa-xa! — Bizning kampirga bersang qaytarmasdan icha beradir! — Bersa ichaberaman, qix... o‘zim xotin bo‘lsam ham Mutal polvonlarning o‘nini qochiraman, qix... Bu so‘zdan so‘ng, uy ichini kuchlik bir kulgi tovshi qopladi. Kulgi bosilg‘ach, so‘z boshlandi: — Endi shuni ichasiz, Homid aka! — Yo‘q, Sodiqboy inim, men juda ham bo‘lib qoldim, o‘zi ham juda kuchlik chiqg‘an ekan. — Ichmasangiz qo‘ymayman, nekin... — Mutal polvonga ber! Siz oling-chi shuni! — Aniq ichmaysizmi? Kumush opamning salomatligiga ham ichmaysizmi? Bu so‘zni eshitkan Otabek ixtiyorsiz o‘rnidan turib ketdi. Jannat opaning xi-xi-xi qilib kulgan tovshi eshitildi. — Orag‘a nozik bir ismni kelturib solmasang, xudo haqqi ichmas edim. Qani, bo‘lmasa ber-chi, Kumush apangning salomatligi hammadan ham menga kerakdir. — Xa-xa-xa, nozik joydan ushladimmi? Otabek bu so‘zlarni eshitar ekan, zo‘rg‘a-zo‘rg‘a o‘zini darichaga hujum qilishdan bosib qolg‘an edi. Orada bir muncha mayda so‘zlar so‘zlangach, kim-ningdir ufff, deb yuborg‘ani eshitildi. — Tag‘in nima bo‘ldi, Homid aka? — Bu kungi gap juda ham meni cho‘chitib qo‘ydi-da, Sodiqboy! — Maning gapimga nima uchun ishonmaysiz, axir! Yuz martaba sizga aytib yotibmanku, xumsani darbozadan chiqardim, tag‘in qanchag‘acha orqasidan borib to karvonlarga qo‘shilib ketkuncha kutdim, so‘ngra qaytib keldim, deb. Agar o‘sha ketishi bo‘lsa, bu kun xudda Qo‘qong‘a borib yetkan. — Ey, san bilmaysan, uka! — Nekin manga qolsa, shu ishdan hech bir qo‘rqa--turg‘an gap yo‘q, usta bilan tanishlig‘i bo‘lsa, uning uyiga mehmon bo‘lg‘andir, savdogarchilig‘i bo‘lsa Marg‘ilong‘a kelgandir, axir ketib turg‘andag‘i so‘zini o‘z qulog‘ingiz bilan eshitdingiz-ku! — Bu mulohazang tuzik-ku, biroq men bilan achchig‘lashqan bir kishinikida mehmon bo‘lishi boshni qotiradir, tag‘in sizlarning havlilaringiz yonida... — Agar sirringizdan usta Alimning xabari bo‘lsa, ul vaqtda qo‘rqsangiz ham arziydir. Ammo menga qolsa u xumpar (Otabekni aytadir) Marg‘ilonda xotini borlig‘ini ham unitib yuborg‘an, deb o‘ylayman. — Maning bu sirrimni sizdan boshqa hech kim bilmaydir. Umarbek bilan bir oz nariberi bo‘lib qolg‘an edik, haytovur tag‘in orani ochib yubordiq. — Undoq bo‘lsa tag‘in nimadan qo‘rqasiz? — Men uning Toshkand ketishini ko‘z bo‘yash uchun bo‘lg‘an hiylami, deb qo‘rqaman. — Xayr, ketmagan ham bo‘lsun: ul holda o‘zingiz aytkandek qilib to‘ppa-to‘g‘ri ertaga Salim sharbatdor-ning oldig‘a boraman-da, o‘g‘lingni Mirzakarim akaning ilgarigi toshkandlik kuyavi o‘ldirdi, men o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim, deyman. Ana undan so‘ng xumsaning holig‘a maymunlar yig‘lasin! Agar ul sirringizni bilgan bo‘lg‘anda ham allaqachon kelaturgan ishka tushunib olib, Marg‘ilondan dumini xoda qildi, desangiz-chi! — Qix... Sodiqning gapi jo‘yalik, — deb qo‘ydi Jannat opa. Otabek bu so‘z dahshatidan titrab ketkan edi. Sodiq davom etdi: — Endi ishning bo‘ladirg‘anini o‘ylash kerak, sizning qo‘rqoqlig‘ingizni ko‘rib, mana Mutal polvon ham uxlab boshlabdir. — Uxlag‘anim yo‘q, hez, doringdan quy-chi! — Mutalboy o‘rtoq, — dedi Homid, — biz biravning yaxshilig‘ini unutaturg‘an kishi emasmiz. O‘rtog‘ingiz Sodiqboy men bilan birgalashib kamlik ko‘rmadi, avvali xudo, qolabersa men uni uylantirib qo‘ydim... Men birav bilan oshnachiliq qilsam, hatto, undan jonimni ham ayamay, ko‘nglini olmoqg‘a tirishaman. Sodiq: — Mutalboy sizni o‘bdan yaxshi biladir, Homid aka! Sizning qanday xizmatingiz borlig‘ig‘a ham qong‘an... Ammo uning sizdan bir iltimosi bor ekan. Homid: — Nima iltimosingiz bor, Mutalboy? Mutal (sarxush): — Bitta ya-ya-ya -rimtadan uch-to‘rt t-t-tanga q-q-qarz-larim bor edi, Homid aka. Homid: — Oshnaliq degan uch-to‘rt tanga bilan bog‘lana olmaydir, Mutalboy! Men sizga hali aytib qo‘ydim: ma-ning oshnalig‘im oshnadan jonni ham ayamasliq bilan bo‘ladir. Uchto‘ rt tanga emas, muhtoj bo‘lsangiz o‘ttuz-qirq tanga ham so‘ray bering! Jannat opa: — Ilohi Homidboy murod-maqsadig‘a yetsin, qix. Oshna-og‘aynidan dunyo ayamaydir! Bir oz vaqt tanga tovshi eshitilib turg‘ach, Homidning ovozi keldi: — Mana, Mutal polvon, hozirga oz bo‘lsa ham shuni olib turarsiz, ammo xizmat haqingiz o‘z yo‘lig‘a bo‘-ladir. Sarxush: — R-rahmat, H-homid aka, siz j-jonni ayamasangiz, m-men ham yo‘lingizga boshimni tikdim, jamshidning arvoyi! Sodiq: — Bizning Mutalboy ham quruq yigit emas! Homid: — Dasturxonni yig‘ishtirib olingiz-chi, Jannat opa! Lagan-tovoqning bir-birisiga tekkan tovshi eshitilib, Otabek o‘zini ohistagina yo‘lakka oldi. O‘choq boshida bir-ikki daqiqa chamasi tovoq-qoshiq va oyoq tovshi eshitilib turg‘ach, Jannat opa havlig‘a tushib keldi va qo‘lidag‘i dasturxonni tut ostig‘a qoqib ketdi. Otabek qaytib kelib daricha ostig‘a o‘lturgan ham edi, Homidning shu so‘zini eshitib qoldi. — Eshikning zanjiriga bir qarab kelingiz-chi, imon topkur Jannat opa! Sodiq: — Qo‘rqasiz-da, Homid aka, eshikni o‘zim zanjirlaganman. Homid: — San hali yoshsan, inim Sodiqboy, siz chiqabe-ringiz, Jannat opa! Otabek uchun vaqt ortiq tang va qo‘rqunch edi. Xaroba uyga boray desa, Jannat opaning ko‘rib qolishi aniq edi. Eshikni ochib chiqib ketay desa, o‘lturishning maqsadi hali ochilmag‘an bo‘lib, butun mashaqqati shamolg‘a ketar edi. Joni halqumig‘a tiqilib tevaragiga alang‘ladi va yo‘lakdan nariroqda usta Alimning devorig‘a suyog‘liq turg‘an zanbilga ko‘zi tushdi. Zanbilning ostig‘a yashirinish juda ham xavfli edi esa-da, ammo o‘lturishning maqsadig‘a qonmay ketish undan ham xatarlik edi. Sir fosh bo‘la qolsa, uch dushmanga barobar hujum qilishni bo‘yniga olib qo‘ydi. Uy eshigi ochila boshlag‘anda zanbilning ostig‘a kirib olg‘an edi. O‘zini nechog‘liq siqib g‘ujanak qilg‘an bo‘lsa ham, ammo bir qarash bilan zanbil ostida kishi borlig‘ini bi-lish uncha qiyin emas edi. Zanbil ostida xanjarini qisimlab, go‘yo sichqonni poylag‘an mushukdek hujumga hozirlanib yotar edi. Jannat opa yo‘lakka tomon yurib keldi-da, zanbil ostidag‘ini payqamay yo‘lakka burildi. Oydindan eshik-ning zanjirligi aniq ko‘rinib turar edi. Shuning uchun eshik yonig‘a borib o‘lturmay yo‘lakning yarmidan qaytdi. Qaytishi hamono yuqoridan uchib o‘tkan bir-ikki moshak qushning chev-chev-chev degan tovshini eshitib ko‘kka qaradi. Shimol-sharqig‘a to‘g‘ri otilib o‘qdek uchib borg‘an moshak qushlarg‘a qarag‘anicha yo‘lak-dan uy tomonig‘a qayrilib ketkanini o‘zi ham sezmay qoldi. Jannat opa ayvong‘a chiqqanda, Otabek ustidagi zanbil to‘rt enlik yuqorig‘a ko‘tarilib, tag‘in sekingina uni bosib tushkan edi. Jannat opa eshikni ochib, uyga kirganda, ul ohistagina zanbil ostidan chiqdi, uning yurak tepishi hali ham shiddatlik edi. Daricha yonig‘a yurib keldi-da, hamon hujumga hozirlang‘andek ichkariga quloq solib turdi. Jannat opaning «eshik zanjir» degan tovshini eshitkach, rohat tin oldi va daricha yonig‘a cho‘nqaydi. Homid: — Bo‘lmasa, dushanba kuni kechasiga bo‘lsin! Sodiq: — Biz qaysi kunga desangiz ham hozirmiz! Mutal: — Menga qolsa, shu topta borsaq deyman! Homid: — Yaxshisi dushanba kun, undan nariga o‘tkani ham yaramag‘andek, berisi ham foydasiz bo‘ladir, chunki bir-ikki kun bunga hozirlik ham kerak. Sodiq: — Tag‘in qanaqa hozirligi bor? Homid: — Olib chiqg‘andan so‘ng, uni Marg‘ilon ichida olib turib bo‘lmaydir: to rom qilg‘uncha birarta qishloqg‘a yuborishka to‘g‘ri keladir. Olib chiqishimiz dushanba kechasining qaysi paytiga to‘g‘ri kelishini ham hozirdan aytib bo‘lmaydir. Olib chiqg‘an zamon Marg‘ilondan chiqarilib yuborilmasa, kunduz kuni chiqarish tag‘in xavflik. Kechasi ma’lum, Marg‘ilon darbozalari yopiq bo‘ladir. Shuning uchun birarta darbozabonni qo‘lga olib qo‘ymog‘imiz, albatta, kerak... Sodiq: — Yaxshi maslahat, qutidornikiga qanaqa qilib tushamiz? Homid: — Masalaning bu yog‘ini ham o‘ylashimiz kerak ekan hali! Sodiq: — Eng yaxshisi darbozasidan kirish! Mutal: — Darbozasidan kirib bo‘lmasa, tomidan oshib tushamiz! Sodiq: — Ha-ha-ha, balli, Mutal to‘ram! Mutal: — Kulishingni bejo qilma, hez Abdikarim! San hali dunyog‘a kelib nimani ko‘rding-ku, sanga kulish tushib qoldi! Bu bosh dunyoga kelib nimalarni ko‘rmadi-a? Bunaqanggi qochiriq ishlarni endi qilib turipti, deb o‘ylaysanmi? Eyxa-x-x, Mutal akang nimalarni qilmadi? Xa-xa-xa... Musulmonsan otangning arvoyi, Homid aka! Bir kuni Jonkeldiboy hasratini qilib Hotam to‘raning o‘g‘lini yaxshi ko‘rganligini, diydoriga to‘yolmay besar bo‘lg‘anini arz qilib qoldi-ku, yonimda Qalandar polvon bor edi, Jonkeldiga, bo‘lmasa o‘n oqta ber bizga, biz Qalandar bilan birga do‘ndiqchangni muhayyo qilib beraylik, dedim. Jonkeldi o‘lib turg‘an ekan, quloq qoqmay xo‘b, dedi. Biz qalandar bilan tunni yarim qildiq-da, Hotam to‘raning havlisiga keldik. Ishning ebini jo‘blab qarasaq juda kashal, devor — tosh hamin! Oshib tushishning sira o‘nqovi yo‘q. Bu ishkalni ko‘rgan Qalandarning tarbuzi qo‘ltug‘idan tushib «besh oqtani qaytarish uvol-ku?!» dedi. O‘zimning sal shunaqanggi kayfim balandroq edi, xanjarchamni qinidan sug‘urib oldimda, to‘g‘ri Hotam to‘raning darbozasig‘a borib chaqira boshladim. Bu ishimdan jon-poni chiqib ketkan Qalandar yonimg‘a kelib turta boshladi: «Hoy, Mutal, sanga nima bo‘ldi?» Men Hotam to‘rani chaqira berib «tovshingni chiqarma, xoting‘a o‘xshag‘an yigit», dedim. Qalandar yonimda turolmadi, meni yolg‘uz qoldirib ura qochdi. Bir vaqtda haligi Hotam to‘ra darboza orqasig‘a kelib «kim» dedi. Men tovshimga shoshilishqan tus berib «Men, men, oching tezroq!» dedim. Bechora go‘l to‘ra darbozani ochib yuborishi bormi, lip etib o‘zimni ichkariga oldim va Hotam to‘rani qo‘lidan ushlab havlig‘a boshladim. Bechora endi meni tanig‘an, avzog‘imning buzuqlig‘ini ham payqag‘an edi. Ke-kirdagiga xanjarimni tirab: «Joningdan umiding bormi, yo‘qmi, noinsof!» dedim. Juda tili shishib qolg‘an edi xumsaning — «bovv-bovv» deb g‘o‘ldirab javob berardi... «Bir bechora o‘g‘lingni deb ko‘kragini zaxka berib yotsin-da, san tinchkina o‘g‘lingni olib yot!.. Qani o‘g‘ling, yotqan joyini ko‘rsat!» dedim. Hotam to‘ra dir-dir qaltirar edi, shu ko‘yi uni ayvong‘a o‘zim yetaklab bordim-da, o‘g‘lini ko‘rsatdi. Bolani uyqu aralash turg‘uzib kiyintira boshlag‘an edim, bir tomondan ona-si dodlab qoldi-ku, xanjarimni olib unga yugirdim. «Tovshingni o‘chir, mochaxar... o‘g‘lingni o‘limg‘a olib borayotqanim yo‘q, nihoyati bir piyola choy ichadi-ku keladi!» dedim. Qisqasi, ilgari dahshat berib, keyinidan yaxshi gaplar bilan ularni ishontirib, bolani olib chiqdim va Jonkeldiga topshirib ketdim... Baxtimga o‘sha kuni bitta ham mirshab yo‘liqmadi. Ey-y, Sodiqcha, san hali nimani ko‘rding-ku, nimangga ishonding, buzoq bo‘g‘uzlag‘andek qilib bir-ikkitani so‘ygan bilan odam bo‘lding-qo‘ydingmi? Gap bilan bo‘lib zang‘ar kayf ham tarqab ketdi, qani, quy-chi bir-ikkini! Homid: — Sizga qoyilman, Mutal polvon, sizning shuna-qangi ishlaringizni bilib yurganim uchun bu yerga chaqirtirib keldim-da! Mutal: — Shuni bilgan bo‘lsangiz bas, bu ishni menga topshirib qo‘yabering! Homid: — Sodiq aytkandek darbozadan kirishni xohlamayman, chunki mirshablarning oyog‘ usti. Mutal: — Bo‘lmasa havlining orqasidan tushamiz! Homid: — Orqasi havlidir? Jannat opa: — Qix, haligi oti qursin... Malikboyning maydoni-da! Homid: — Juda yaxshi ekan. Bo‘lmasa tomig‘a shoti yetarmikin? Jannat opa: — Qix, juda balan. Mutal: — Balan bo‘lsa, zarari yo‘q, osoni uyning tegidan teshamiz, qo‘yamiz! Homid: — Qiyin bo‘lmasmikin? Mutal: — Hammadan ham osoni teshish, mo‘ljalini yaxshi olsaq bas. Homid: — Bir-ikki soatda uni teshib bo‘larmidi? Mutal: — O‘zi maydonmi, axir? Jannat: — Maydon, qix. Mutal: — Yaqinida odam yo‘qmi? Jannat: — Yo‘q, qix. Mutal: — Bali, mo‘ljalni olib bersalaring, ertadan boshlab qazig‘anim bo‘lsin. Homid, Sodiq: — Bali, rahmat, polvon! Majlisning so‘zi shu yerga yetkanda Otabek o‘rnidan turib yo‘lakka keldi. Eshik zanjiriga qo‘lini olib borg‘ani holda o‘ylanib to‘xtadi va eshikni ochmay orqasig‘a qaytdi. Xaroba uy orqaliq usta Alimnikiga chiqib ayvon yonida to‘xtadi, ularning xurrak va pishillashlariga qanoat hosil etkach, oyog‘ uchi bilan yo‘lakka o‘tdi va eshikni ochib chiqdi... O‘z og‘zidan eshitkanimizdek Sodiq uni, Homidning ta’limoticha Qo‘qon darbozasidan chiqarib to karvonlarga qo‘shilib olg‘uncha ta’qib etib borgan edi. Otabek bu ta’qibni juda yaxshi sezganlikdan Sodiq yo‘lda qolg‘andan so‘ng ham yana bir bekat olding‘a borg‘an va ikkinchi bekatdan yo‘lni chaplab, Toshloq darbozasi orqaliq yana qaytib Marg‘ilong‘a kirgan edi. Usta Farfining Homid va o‘zi to‘g‘rilaridag‘i mudhish hikoyasini eshitkach, Marg‘ilonda qolish va qayin otasining uyiga borib onglashish o‘rniga juda oshig‘ichliq bilan Marg‘ilondan jo‘nab ketkan bo‘lib ko‘rinishi albatta o‘rinsizga emas edi. Chunki Komilbek o‘ldirilgan bir kunda Homidning ko‘z o‘ngida qolishi, bilaturib, o‘z-o‘ziga qabr qazish, qabrg‘ina emas nomusni barbod berish va qotilliq ismini olib xalq oldida sharmanda bo‘lish bo‘lur edi, nuchukkim, biz yuqorida Sodiq og‘zidan eshitkanimizdek Homid bu tuhmatdan ham qaytmas va o‘z tuhmatini mahkama oldida mantiqiy ra-vishda isbot ham qila olur edi. Mana ul shu mudhish, boshqa tushmog‘i aniq turg‘an halokatning daf’i uchun Marg‘ilondan oshig‘ich chiqib jo‘nag‘an edi. Orqasidan qiling‘an ta’qibni payqashi esa avvalo bu uning bir mulohazasi bo‘lg‘an edi, ikkinchi, otini egarlar ekan, devordan o‘zig‘a qarag‘an bosh bilan bu mulohazasini chinga chiqishini bilgan edi. Uchunchi, ko‘chada usta Alim bilan xayrlashar ekan, qo‘shnining yo‘lagida ko‘ringan kishi ko‘lagasi yana ta’qib etilishini ta’kidlagan edi. Marg‘ilondan ikkinchi bekatka qo‘nib, choyxonada bir-ikki choydish choy ichib uzoq o‘ylag‘an va Marg‘i-long‘a qaytish quruq tuhmatka qolish bilan farqsiz ekanligini yana bir qat tushungan edi esa-da, Homidni maydonda muzaffar holda qoldirib ketishni hech bir turlik yuragiga sig‘dira olmag‘an, g‘ayri rasmiy yashirinib bo‘lsa ham Marg‘ilonda turishka va turib Homidning mundan so‘nggi rejalarini o‘rganishka va shunga qarab kurash boshlashg‘a qaror bergan, shom bilan asr orala-rida Marg‘ilong‘a kirgan edi. Kelib birinchi kelishida tushkan saroyga joylashqan va joylashib tinchiy olmag‘an, ya’ni ta’qibini bu kundanoq boshlashg‘a qaror bergan. Homidning yomonliq korxonasi usta Alimning qo‘shnisinikida bo‘lg‘anlig‘i uchun hech bir taraddudsiz yo‘lni to‘g‘rilab Sodiqnikiga solg‘an ediki, biz mundan keyingi gaplarni yuqorida ko‘rib o‘tdik. Usta Alimning eshigini ochib chiqg‘ach, Sodiqning yo‘lagiga quloq solib g‘o‘ng‘irg‘ o‘ng‘ir kelgan tovushni eshitdi va sekin-sekin yo‘lg‘a tushdi. Dushman bilan betma-bet uchrashmoq kuni belgulanganlikdan o‘zining bu kungi kutilmagan muvaffaqi-yati to‘g‘risida hech bir taajjublanmas, faqat dushanba kun kechasi bilan miyasi mashg‘ul edi. Dushanba kun kechasi bir emas, uch dushman bilan kurash to‘g‘risidag‘ina o‘ylar edi. Bu birga uch masalasi bir oz uning miyasini qotirg‘an; kishilar yollash, hukumatka bildirish, qutidorni xabardor qilib qo‘yish mulohazala-rigacha kelib yetkan bo‘lsa ham, ammo izzati nafsi bu qo‘rqoqliqqa tamoman zid turar edi. Borabora bu mulohazasini tamoman ko‘nglidan chiqarib tashladi; na kishilar yollayturg‘an, na hukumatka bildiraturgan va na qutidorni xabardor qilaturg‘an bo‘ldi. Chunki raqib bilan dildorning uyi orqasida tanho olishmoq, yor oyog‘i ostida qonlik tuproqqa qorishmoq — uning uchun juda lazzatlik va shoirona tuyila boshlag‘an edi. Saroyga kirar ekan o‘zicha: — Shirin o‘lim, — deb qo‘ydi. Garchi kechagi tun «Xo‘ja Ma’oz»ni tunab uyqudan qolg‘an edi, ammo uzoq vaqt bu kungi gaplarni o‘ylab yotdi. Ul uxlab ketar ekan, o‘zini goh qong‘a belanib yotqan holda, goh Kumushni erkalab turg‘an holda ko‘rar edi. O'tkan kunlar — 38. Dushanba kun kechasi Bu kungi kech Otabek bilan Homidning hayot va mamot masalalarini o‘zining qora quchog‘ig‘a olg‘an qorong‘i bir tun edi va bulardan qaysi birlarining so‘ng soatlari yetkanligi shu qorong‘i tun kabi qorong‘i edi. Otabek bu ikki holdan tabi’iy birisini bu soat o‘zining ko‘z o‘ngida ko‘rar va shunga hozirlanar edi esa-da, ammo Homidning xayoli faqat gulgina iskar, gul sayriga oshiqinar edi... Olti qarich kenglikda uzundan-uzoq tor ko‘cha, tor ko‘cha boshida kichkinagina bir eshikcha edi. Shom bilan xuftan o‘rtasida bu ko‘cha boshig‘a bir yigit kelib to‘xtadi-da, tevaragiga kishi bilmas qilib razm soldi. Ko‘chada hech kim qolmag‘an, yo‘l oyog‘i bosilg‘an edi esa-da, ul uzoqqina qarshisidag‘i darboza ichlarini, tom ustlarini, devor raxnalarini kuzatdi va qanoat hosil etib tor ko‘chaga ohista-ohista yo‘l oldi. Tor ko‘chaning yarmisig‘a yetkach, to‘satdan orqasig‘a qayrilib qaradi... Uning harakati bir narsadan shubhalanib emas, ammo orqadan dushman ta’qibi bo‘lmadimi uchun edi. Kichkina eshikcha yonig‘a yetkanda tag‘in haligidek orqasig‘a qarab qo‘ydi. Bir oz o‘ylab to‘xtag‘ach, eshik-ning o‘ng tomonidag‘i devorning buzuq yeridan sekin-gina ko‘tarilib maydong‘a mo‘raladi. Eshikning qulf va zanjiri bo‘lmay yuziga yopiq holda turg‘an bo‘lsa ham ul eshikka taqilmadi, mashaqqatlanib devorga mindi. Oy shom yeb yaxshig‘ina qorong‘i tushkan bo‘lsa ham maydon ichining daraxtsizligi uchun tikkaygan cho‘b ham ajraturliq edi. Maydonni kishidan xoli bilgach, sekingina devordan o‘zini maydonga oldi. Maydon ikki tanob kenglikda bo‘lib, janubi qutidor va qo‘shnisining imoratlari orqasidan va boshqa uch jihati ham shunga o‘xshash binolardan iborat edi. Maydonga yozda nimadir ekilgan, chuqur-chuqur jo‘yaklar tortilg‘an va yer yomg‘ur bilan ivib, bo‘kib oyoq ko‘tarib bosishg‘a imkon bermas, har bir oyoq uzg‘anda uch chorak loy barobar ko‘tarilur edi. Qiynala-qiynala maydonning janubiga o‘tdi. Uning chap qo‘li tomonida bir uyning orqa devori bir bo‘yra eni kesib tushirilgan bo‘lib qorayib ko‘rinar edi. Ul bu kesilgan o‘rinni o‘tkan kun kechasi kelib ko‘rib ketkani uchun qaytadan qarab turmadi esa-da, lekin uning bu binog‘a iltifotsiz qarashi mumkin emas edi. Bu tegi kesilgan bino Kumushning o‘z uyi bo‘lib, bu uy ichida Otabekning saodatlik kunlarining shirin xotiralari saqlanar va shu daqiqada ham uning hayot tiragi bo‘lg‘an Kumushbibi o‘lturar edi. Otabek ko‘zini to‘ldirib binog‘a qaradi, go‘yo bu qarashda ul dunyo malaki bilan vidolashar edi. Uzoqqina binog‘a qarab olg‘ach, qo‘ynig‘a qo‘l solib bir qog‘oz oldi, xayol ichida qog‘ozning taxlarini tuzikladi-da, qaytarib yana qo‘ynig‘a tiqdi. Shundan so‘ng binog‘a yana bir ko‘z tashlag‘ach, maydonning kunbotarig‘a yurib, o‘n besh adimlab haligi joydan yiroqlashdi. Tom shuvog‘ig‘a loy oling‘an zovur shekillik o‘rinni kechagi kelishida biqinish uchun belgulab ketkan edi, kelib shunga tushdi-da, qo‘lini chakkasiga qo‘yib yoni bilan yotib oldi. Garchi osti kesilgan bino bilan Otabek tushib yotqan loyxona bir-birisiga ro‘baro‘ edi. Ammo imoratlarning ko‘lagasi va kechaning o‘tacha qorong‘ilig‘i orqasida loyxonada kishi bo‘lg‘anlig‘ini payqash qiyin edi. Tun yarim bo‘lib, olding‘i uxlag‘anlar endi bir uyquni olg‘an edilar. Maydon eshigi ochildi. Biri orqasidan biri yurib ikki ko‘laga maydonga kirdi. Buni payqag‘an Otabek xanjarini qinidan chiqarib qo‘lig‘a ushlag‘ach, yuz tuban yerga uzandi... Ikki ko‘laga so‘zsizgina osti kesilgan bino yonig‘a kelib to‘xtadilar. Kelguchilarning biri Sodiq va ikkinchisi Mutal edi. Tumshug‘ini yerga tirab yotqan mushukdek bo‘lib Otabek ularni kuzatar edi. To‘xtag‘ach, shivirlab Sodiq so‘radi: — Teshilayozg‘anmikin? — Ozg‘ina qolg‘andir, deb o‘ylayman, negaki, paxsaning enidan bir gaz chamasi joy ochilg‘an! Mutal tovshini baralla qo‘yib so‘zlar edi, shuning uchun Sodiq dedi: — Tovshingni sekinroq chiqarsang-chi! Mutal belidan teshasini olar ekan, unga javob berdi: — Hali shundan ham qo‘rqasanmi, balki hali ashulamni ham aytib yuborarman! — Jinnilig‘ingni qo‘y, Mutal aka! Men ham yoningda turaymi? — Turasanmi, yo‘qmi — ixtiyor o‘zingda! Mutal kovakka kirib kovlashka tutindi. — Teshani qattig‘ solma, — dedi Sodiq. — Menga o‘rgatma, o‘zim bilaman. Sodiq Mutalning ehtiyotsizligidan qo‘rqdi shekillik, bir oz Mutalning ishiga qarab turg‘ach, dedi: — Bo‘lmasa, men eshik yonig‘a borib turay, teshildi deguncha hushtak ber. — Tuzik, hali Homid kuyaving qayog‘da qoldi? — Ko‘chaning boshida poylab o‘lturgandir. Hush-tagingni eshitkach, uni ham chaqiraymi? — Chaqir, — dedi Mutal va shitir-shitir kesak tushira berdi. Sodiq eshikdan chiqg‘an ham edi, Otabek sekingina boshini ko‘tardi-da, Mutal sari shuviy boshladi. Mutal esa yemirilib tushkan kesaklarni tashqarig‘a surish bilan ovora edi... Shu vaqt uning qo‘ltug‘i ostidan uzatilg‘an qo‘l hiqildog‘idan ombir kabi siqib oldi... Mutal kuchli edi, ammo Otabek undan ham kuchlik edi. Sapchib hiqildog‘ini ajratish uchun bo‘lg‘an Mutalning birinchi harakati bo‘shka ketdi-da, chap biqinig‘a o‘tkir xanjar g‘achcha botirildi... Ammo ul hamon bo‘shalishg‘a kuchanar edi va kuchli qo‘l battarroq uni siqar edi. Uch daqiqalik kurashdan so‘ng Mutal bo‘shashdi, ilgarigi kuchanishlardan qoldi va bir-ikki daf’a to‘lg‘anib jimgina jon berdi. Otabek eshik tomondan ko‘zini uzmag‘ani holda Mutalni sudrab o‘zi biqing‘an loyxonag‘a olib bordi va qo‘rqibqina hiqildoqdan qo‘lini oldi. Mutalning boshi shilq etib loyxonag‘a tushdi-da, mangulik uyquga ketkanligi ma’lum bo‘ldi... Otabek bitta-bitta teshilgan bino yonig‘a kelib eshik tomong‘a hushtak berdi, javob hushtagi eshitilgach, teshuk ichiga kirib o‘lturdi. Teshukning yuqorisidan bir oz tuynuk ochilgan bo‘lg‘ani uchun ichkaridan quloqqa yengilcha pishillash eshitilar edi... Sodiq yaqin yetkan edi, kesmadan uzoqroqda turib shivirladi: — Teshdingmi, Mutal? — Teshdim, beri kel. Sodiq kesma yonig‘a kelib engashdi. Engashishi hamono qo‘l hiqildoqqa to‘g‘ri kelgan edi va xanjar qornig‘a botirilgan edi... Sodiq qo‘lidag‘i xanjarini bir-ikki qayta solib ko‘rsa ham tegdirish uchun kesmaning tubanlig‘i xalal berdi, lekin o‘zi tetuk edi. Otabek sapchib kesmadan chiqdi va bor kuchi bilan Sodiqni bosib tushdi... Bosib tushishi hamono allaqaysi yeri achishkandek sezildi... So‘l qo‘li Sodiqning hiqil-dog‘ida, xanjarlik qo‘li Sodiqning xanjarlik qo‘lida edi... Bir oz kuchini yig‘ib olg‘ach, hiqildoqni bor kuchi bilan siqa boshladi. Sodiq xirillar, shunday bo‘lsa ham qo‘lidag‘i xanjarni bo‘shatmas edi. Eshik tomondan Homid ham ko‘rinib qoldi... Vaqt tang kelgan edi... Sodiqning ko‘kragini qochirib xanjarlik qo‘lini bo‘shatdi va Sodiqning ko‘kragiga soldi. Sodiqning xanjari birikki qayta uning orqasiga kuchsiz-kuchsiz kelib tekkan edi. Xanjarini ikkinchi urishda Sodiq bo‘shashdi va qo‘lidan xanjari tushdi. — Homid akangga juda ham mehribon ekansan, Sodiq! — dedi bosib yotqan joyidan Otabek. — Joning-ni ham unga qurbon qilding! Sodiq ingranib qo‘ydi. — Kim xirillaydir? — dedi yaqinlashib kelgan Homid. — Tezroq keling, Homid aka, Otabekni o‘ldirdik! — dedi shoshib Otabek. — Ah! — deb yurib keldi Homid. Otabek Sodiqni qoldirib, Homidning xanjarlik qo‘lini ushlab oldi: — Mutal o‘ldi. Sodiq ham o‘lim yoqasida. Enda siz bilan ikkimizgina qoldiq! Homid qo‘lini bo‘shatishka tirishar ekan, Otabek salmoqqina qilib dedi: — Ortiqcha oshiqmangiz, Homidboy, men sizning xanjarlik qo‘lingizni bo‘shataman hozir, ammo shungacha siz bilan ikki og‘iz so‘zim bor! Homid hanuz qo‘lini bo‘shatishg‘a kuchanar edi. — Kuchanmangiz, Homidboy! — Mard yigit bo‘lsang, qo‘limni qo‘y! — Oshiqma, qo‘yaman, — dedi Otabek. Shu choqda oyog‘ ostida yotqan Sodiq ko‘tarilib-ko‘tarilib o‘zini ot-moqda edi. Otabek Sodiqdan nariroqqa Homidni boshladi. Homid tig‘izliq bilan surildi. Xanjarlik qo‘li bilan tuynukka ishorat qilib, Otabek so‘z boshladi: — Siz mendan ham yaxshiroq bilasizki, shu uyda sizni allaqancha mashaqqatlarg‘a solg‘an, cheksiz joni-vorliqlar ishlatkan va hisobsiz tillalar to‘kdirgan, niho-yat, shu daqiqag‘a keltirib to‘xtatqan birav uxlaydir. Agarda sizning manim tilimdan yozib bergan taloq xatingiz durust hisoblanmasa, bu uxlag‘uchi manim halol rafiqam bo‘lib, ikki yildan beri men ham uning ko‘yida sargardonman. Demak, siz bilan maning oramizda shu birav uchun kurash boradir. Lekin siz shu choqqacha manim ustimdan muvaffaqiyat qozonib keldingiz: qora choponchi, deb dor ostilarig‘acha olib bordingiz, Musulmonqul qo‘lig‘a topshirdingiz, bu ishlaringiz foydasiz chiqg‘ach, ismimdan taloqnoma yozib, ikki yillab rafiqamdan ayirib turishka muvaffaq bo‘ldingiz, bu orada gunohsiz bir yigitni ham o‘ldirdingiz. Nihoyat, o‘g‘riliq yo‘lig‘a tushib ikki yigitingizni manim qo‘limda halok qildingiz... Endi menga javob beringiz-chi: bu yomonliqlaringizda siz haqlimi edingiz? — Haqli edim! — dedi Homid va siltab xanjarlik qo‘lini bo‘shatib chalqancha yiqildi. Ul qo‘lini bo‘shatqan choqdayoq Otabek ishini to‘g‘rilag‘an, ya’ni Homidning qornini shir etdirib yorib yuborg‘an edi. Homid holsizlanib yotar ekan, uni besh qadam naridan kuzatib tek turg‘uchi Otabek zaharxanda ichida «haqlimi eding?» deb so‘radi. Kuchanib «haqli edim!» dedi Homid va qo‘lidag‘i xanjarni Otabekka otdi, xanjar Otabekning yonig‘a kelib tushdi... Otabek kushxona o‘rnidan eshikka qarab qo‘zg‘alg‘an edi, Homiddan besh-olti qadam narida yotqan Sodiqning «hmmm» degan tovshi eshitildi. Otabek ko‘ngli allanechuklangani holda maydondan chiqdi... O'tkan kunlar — 39. O'zni tanitish Ertasi kun butun Marg‘ilon deyarlik Malikboyning maydonida voqi’ bo‘lg‘an ishka juda hayron edi: — Mutal bilan Sodiq bo‘lsa shaharning tomteshar yigitlaridan, ular qutidornikiga o‘g‘riliq uchun borg‘an bo‘lsalar borg‘andirlar... Lekin shaharning katta boylaridan hisoblang‘an Homidning ishi qiziq. Xayr, Homidning o‘g‘riliq hunari ham bor bo‘lsin, bularni kim o‘ldirgan? Qutidor bo‘lsa ertalab uyqudan turg‘ach, bu hangamani bilibdir, juda ajoyib! Kuch choshkohga yetkanda Otabek saroy darbozasidan chiqdi. Ul o‘zining so‘l qo‘lini doka bilan o‘rab bog‘lag‘an va ko‘kragiga ko‘tarib ushlagan edi. Kecha Homid xanjarlik qo‘lini siltab tortqanda, xanjar uning bosh barmog‘i orasini suyakka yetkuncha shipirib ketkan edi. Uning oyog‘ olishida ham bir oz oqsoqlanish sezilar edi. Saroydan ancha uzoqlashqan edi, qarshidan o‘ziga qarab kelguchi Rahmatni ko‘rdi va chor-nochor so‘rash-moqqa to‘g‘ri keldi: — Ha, mulla Rahmat, salomatmisiz? Rahmat oshiqibg‘ina uning bilan ko‘rishdi: — Qachon keldingiz, bek aka? — Kelganimga bir-ikki kun bo‘ldi... Nega xafa ko‘rinasiz, mulla Rahmat? Rahmat uflab oldi: — Eyyy, bek aka, bizning boshka tushkanni dushmaningizga ham ko‘rsatmasin! Otabek ajabsinish tusi ko‘rsatib so‘radi: — Nima bo‘ldi, uy-ichingiz bilan salomatmisiz? — O‘zingiz bilasiz, bultur padar marhum bo‘lg‘an edilar, bu kun yana boshimizg‘a o‘lim tushaturg‘an bo‘lib qoldi, tog‘am Homidni allakimlar chavog‘lab ketibdirlar. Otabek ko‘zini olalantirg‘an bo‘ldi: — Qayerda, kimlar, yarasi qo‘rqunch emasmi? Rahmat voqi’ani qayerda bo‘lg‘anlig‘ini so‘zlab turmadi: — Yarasi yomon, hushsiz holda hiqillab yotibdir. Qornini tikdirmakchi bo‘lg‘an edim, jarroh bo‘lmaydir, dedi. — Chavog‘lag‘uchini aytmadimi? — Til bo‘lsa aytadi-da, — dedi Rahmat, — ul yiqi-lib yotqan joyda yana ikki yigitning o‘lugi bor ekan... Shulardan zarb olg‘anmi deb o‘ylayman. — Xudo shifo bersin! — dedi Otabek. Ajralishdilar. Otabek usta Alimning ko‘chasiga burilg‘ach, Sodiq eshigida uch-to‘rtta bel bog‘lag‘an kishilarni tobut yasash bilan mashg‘ul ko‘rib tinchsizlanib ketdi. Usta Alimning yo‘lagiga kirar ekan, Jannat opa bilan yana bir xotinning yig‘i tovushlarini eshitdi... Janozaga tahorat olish uchun obdasta yonig‘a o‘lturgan usta Alim Toshkand jo‘nab ketkan Shokirbekni oradan uch-to‘rt kun o‘tmay qaytib kelishiga ajabsingan edi: — Keling-keling, Shokirbek... Toshkand jo‘na-mag‘anmi edingiz?! Otabek ayvonning oldig‘a o‘lturar ekan, kuldi: — Toshkandga borib keldim... Usta Alim uning hazilini fahmladi-da, tahorat ola-ola qiziq voqi’adan so‘z ochdi: — Marg‘ilondan ketmagan bo‘lsangiz, o‘zingiz ham eshitkandirsiz Shokirbek, siz bilan menga tarjimai hollari ma’lum bo‘lg‘an Homid bilan Sodiqni va tag‘in Mutal degan yana bir yigitni Mirzakarim akaning havlisi orqasida o‘ldirib ketibdirlar. Yomonlar o‘z jazalarini to-pibdirlar. — Eshitdim, — dedi Otabek va tag‘in kulib qo‘ydi. Usta Alim uning bu kulgisiga e’tibor qilmag‘an edi, so‘zida davom etib so‘radi: — Siz bularni kim o‘ldirgan deb o‘ylaysiz? — Siz-chi? — dedi Otabek va tag‘in iljayib qo‘ydi. — Menga qolsa, — dedi usta Alim, — o‘ldirguchi albatta Mirzakarim akaning kuyavi Otabekdir... zap ish qilg‘an-da, men unga qoyilman. Men uning O‘tabboy qushbegiga qilg‘an muomalasini eshitib, yuragiga bali degan edim... zap yigit ekan-da! Otabek o‘ng‘aysizlanib ketdi. Usta Alim yuz-ko‘zini artib Otabekning qo‘lini olib ko‘rishmakchi bo‘lg‘an edi, ko‘zi o‘ralg‘an dokaga tushdi: — Qo‘lingizga nima qildi, Shokirbek? — Pichaq kesib ketdi... — Yomon kesdimi? — Sal. Usta Alim Otabekning yonig‘a o‘lturdi va: — Nega Toshkand jo‘namadingiz, birarta mone’ chiqib qoldimi? — deb so‘radi. — Mone’ chiqib qoldi... — Qanday mone’? — dedi usta. — Mone’mi? — dedi Otabek va kulimsirab: — Men sizga bir katta gunoh qilib ketkan edim... Yo‘lda boraturib gunohimdan o‘kindim-da, sizga tavba qilg‘ali Qo‘qondan qaytdim... Agar siz gunohimni kechirsangiz, men shu daqiqada Toshkand jo‘nayman. Usta Alim ajablanib Otabekka qaradi: — Hazillashasiz... — Hazillashmayman, agar siz kechiraturgan bo‘lsangiz, gunohimni ham hozir iqror qilaman. Usta Alim kulimsirab so‘radi: — Qani iqror qilingiz bo‘lmasa. — Ilgari kechirishka va’da berib qo‘yingiz. — Menga qolsa sizning hech gunohingiz yo‘q... Menga noma’lum gunohingiz bo‘lsa kechirdim. — Rahmat, — dedi Otabek va so‘radi: — men kim? — Sizmi, siz Shokirbek! Otabek uyat aralash kulib qo‘yib dedi: — Ana usta, manim borliq gunohim sizning shu kungacha meni Shokirbek, deb bilishingizdagina! — Bo‘lmasa, siz kim? — Gunohimni kechirgansiz-a? — Kechirganman. — Men siz bilgan Shokirbek emas, toshkandlik Yusufbek hojining o‘g‘li va marg‘ilonliq Mirzakarim akaning kuyavi — Otabek! Usta Alim bir oz o‘zini keyinga tashladi va ko‘ziga jiq yosh chiqardi. — Siz-a? — dedi. Kelib Otabekni quchoqladi... Bu favqulodda holg‘a tushuna olmay qolg‘an Sayfi ishini to‘xtatib do‘konxonadan qarab turar edi. Usta yig‘lag‘an holda Otabekni quchoqlab o‘pdi-da, ayvonga ko‘rpacha sola boshladi. — Nima qilmoqchi bo‘lasiz, usta? — deb Otabek so‘radi. — Men o‘zimning yangi mehmonimni ko‘rpachaga o‘tquzmoqchi bo‘laman, — dedi kulib usta Alim. — Men sizning ko‘rpachangizga ko‘b o‘lturganman, endi menga ortiqcha takallufingizning hojati yo‘q. — To‘g‘ri so‘zlamaysiz, Otabek, bu kungacha manim ko‘rpachamda o‘lturib yurgan Shokirbek otliq bir yigit edi. Endi men o‘zimning yangi mehmonim bo‘lg‘an Otabekni siylamoqchi bo‘laman... Qani, Otabek, ko‘rpachaga chiqingiz! Otabek ustaning latifasiga kuldi-da, ko‘rpachaga chiqib o‘lturdi. Bu vaqt Jannat opaning «shahid o‘lgan bolam» deb yig‘lag‘an tovushi eshitildi-da, Otabek gunohkor bir yuz bilan usta Alimga qaradi. Ul esa Otabekning bu qarashidag‘i ma’noni sezgan edi: — Zap qilg‘ansiz, Otabek, — dedi usta, — yomonlarning jazosi shunday bo‘ladir... Yoningizda kishilaringiz bor edimi? — Yo‘q. Usta Alim Otabekka tushuna olmay qarab turg‘ach, so‘radi: — Uch dushmanga qarshi yolg‘iz o‘zingiz? — Yolg‘iz o‘zim! Xudo yomong‘a jazo beraturgan bo‘lsa, shundoq bo‘lar ekan. Usta Alim tamom ajabda qolg‘an edi: — Subhonolloh! Qanday yuragingiz bor ekan, Otabek! Qo‘lingizdan boshqa yeringizda jarohat yo‘qmi? — Yo‘q. Bo‘ksam ustiga bir oz xanjar uchi tegib o‘tkan bo‘lsa ham ahamiyatsiz. — Xudoga shukur, Otabek! Sizning bu ishingizdan qayin otangizning xabari bor edimi? — Yo‘q edi. Bu ishni hozirg‘acha bir o‘zim va bir tangri bildi. Endi bu sirni bilguchilarning uchunchisi siz bo‘ldingiz! — Astag‘firulloh! — deb qo‘ydi usta Alim, — raqibingiz Homidni birinchi martaba usta Farfi orqaliq tanig‘aningizmi? — Birinchi martaba tanishim, — dedi uflab olib Otabek, — bunga ham sizning bilan bo‘lg‘an oshnalig‘im ko‘mak berganlikdan sizga minnatdorlik qilishdan ojizdirman. — Sizning aqllar ishonmaslik qahramonlig‘ingizg‘a yuragim qinidan chiqish darajasiga yetdi! Otabek, Homidning bu keyingi rejasini qayerdan bildingiz? Otabek kuldi. — Xudog‘a shukurlar bo‘lsunki, manim tortqan ohlarimni quriqqa yubormay, utmagan yerdan sirni bildirdi. Men sizga hikoyamni boshidan so‘zlab beraymi va yo Homidning rejasini bilishimniginami? — Boshidan so‘zlangiz, Otabek! — dedi hovliqib usta Alim va ish to‘qish ila mashg‘ul Sayfini savzi to‘g‘rashqa buyurdi. Usta Alimni hikoya tinglamak uchun hozirlang‘an ko‘rgach, Otabek dedi: — Tahoratning sababi yodingizdan ko‘tarildi shekillik! — Ko‘tarilgani yo‘q, Otabek, yomonning janozasidan yaxshining hikoyasi foydalik ko‘rinadir... Qani, so‘zdan keling! Otabek o‘zining chin do‘stig‘a birinchi marta Marg‘i-lon kelishidan tortib hikoyasini so‘zlab ketdi. Uning uch yil ichida boshidan o‘tkanlarini bir soatlik vaqtga cho‘zilib, Sayfi oshni suzib kelganda yo‘lda uchrashqan Rahmat bilan hikoyasini tugatdi. Usta Alim Otabekning yelkasiga qoqib der erdi: — Sizda chin yurak bor, do‘stim. Bu yurakingiz bilan hech vaqt dard qolmaysiz, Otabek! Ammo mendan chin ismingizni yashirib kelganingiz uchun sizni ayblay olmayman. Biroq jum’a kun kechasi Homid izidan manim havlimga kirib, menga o‘zingizni bildirmay ketkaningizga xafa bo‘laman, xudoy ko‘rsatmasin bir falokat yuz berganda nima bo‘lar edi? Oshdan so‘ng usta Alim shunday fotiha o‘qudi: — Dushmanlaringizning yo‘q bo‘lg‘anlari chin bo‘l-sin, suyganingiz bilan endi mas’ud yashang! Otabek tashakkur etdi. Tag‘in bir oz choy ichib so‘z-lashqandan so‘ng, Otabek daftaridan ikkita xat chiqarib dedi: — Sizga og‘ir kelmasa, bir xizmat topshirmoqchi-man, usta! — Buyuringiz! Otabek qo‘lidag‘i xatlarni uzatib: — Men shu soatning ichida Toshkand jo‘nashg‘a majburman. Shuning uchun siz bu xatlarni qayin otamnikiga o‘z qo‘lingiz bilan eltib berasiz. Usta uning bu gapiga tushunolmay qoldi: — Nega endi Toshkand jo‘naysiz, o‘zingiz... — O‘zimga mumkin emas, chunki... ikki tomong‘a ham o‘ngg‘aysiz. Men hozir ketishka majburman, balki o‘zingiz ham onglarsiz. — Ongladim, — dedi usta va: — gap-so‘z bosila-yozg‘ach, kelmakchimisiz? — Balki... — deb to‘xtadi Otabek, — xatlarning birisi qayin otamg‘a, ikkinchisi unga, — dedi. — Xo‘b. — Qayin otamg‘a yozg‘anim qisqa bo‘lg‘ani uchun siz unga mendan eshitkanlaringizni so‘zlab qondirarsiz. Qutidor bilan ishingizni tugatib qaytishingizda uning xatini berarsiz, tuzikmi? — Ma’qul. — Uchrashqaningiz to‘g‘risida menga ma’lumot yozsangiz, tag‘in minnatdor qilar edingiz... — Bosh ustiga. Shundan so‘ng ikkisi quchoqlashib ko‘rishkach, vidolashdilar. Otabek eshikdan chiqg‘anda Sodiqni ko‘mib kelgan kishilar qur’on o‘qub tarqalmoqda edilar. O'tkan kunlar — 40. Xayrixon qotil Mirshablar tomonidan qo‘rboshi mahkamasiga so‘-roqqa olib ketilgan qutidor qaytib yo‘lakdan kirishi bilan ming xil tashvishda o‘lturg‘uchi Oftob oyim bilan Kumushka qaytib jon kirgan kabi bo‘ldi. Kumush otasining oldig‘a qanot yozg‘an kabi yugirib, uning soqolini silar ekan, so‘radi: — Sizga zarar bermadilarmi, otajon? — Yo‘q, qizim. Oftob oyim erining bu so‘zini eshitishi bilan Xo‘ja Bahovaddin yo‘lig‘a o‘gurib qo‘yg‘an yetti tanga pulini To‘ybekaga berib, darrov eshonnikiga jo‘natdi va shundan so‘ng eridan so‘radi: — Sizga ayb qo‘ya olmadilarmi? — Xudoyg‘a shukur, oqlandim, — dedi qutidor. — Chindan ham menda qanday ayb bo‘lsunki, o‘zimiz ham bu hangamani uyqudan turib payqag‘an bo‘lsaq. Uyimiz ostini yomonlar teshkan bo‘lsalar ham ammo kishi sig‘masliq bo‘lg‘anlig‘i meni oqliqqa chiqardi. Lekin kishi sig‘aturg‘an bo‘lib teshilganda ham meni ayblay olmas edilar, zeroki, uyimiz ostini teshkan muttahamlar albatta yaxshi niyat bilan teshmagan bo‘lib, molimiz va jonimiz qasdida ekanliklari ma’lum edi. Basharti qotil men bo‘lib ko‘ringanimda ham molim va jonim qurug‘ida o‘g‘rilarni o‘ldirganligim uchun yana gunohkor bo‘lmas edim. Har holda bu foji’a bizga zararsiz bo‘lib o‘tdikim, buning uchun haq taologa qancha shukur qilsak ham ozdir, — dedi va ayvong‘a chiqib tanchaga o‘lturg‘ach, Kumushdan so‘radi: — achang kelmadimi? Oftob oyim javob berdi: — Qattig‘ og‘rib qolibdir, — va so‘radi: — kimlar o‘ldirib ketkanini bila olmadingizmi? Qutidor ajabsinib xotinig‘a qaradi: — Qiziq so‘z aytasan-a! — dedi. — Bu ishka butun shahar hayron. Qilni qirqqa yoradirg‘an donolar ham bir narsa to‘quy olmaydirlar... Ammo manim ko‘nglimga keladirgani shulki, bizning molimizg‘a ko‘z olayturg‘an o‘g‘rilar besh-olti kishi bo‘lib, uyni teshayozg‘an vaqtla-rida oralarig‘a nizo tushib, bir-birlari bilan pichoq-lashqan bo‘lsalar kerak. Kumush otasining bu kashfiga qarshi tushdi. — Bu gapingiz to‘g‘ri emas, ota, — dedi. — Nega to‘g‘ri emas? — Negaki, bir-biravlarini o‘ldirishib, bizga zarar ber-masdan quruqqina ketmas edilar. — Tong otib qolg‘andir yoki ular ham holdan toyg‘andirlar, — deb javob berdi qutidor. — Bu orada Homid nima qilib yuribdir, o‘ziga tuzikkina boy kishi emasmi edi? — dedi Oftob oyim, bu vaqt Kumush sekingina onasig‘a qarab olg‘an edi. — Homid tiynati buzuq bir yigit edi, — deb javob berdi qutidor. —Ehtimolki, uning topqan davlati o‘g‘riliq orqasidadir, kishining davlatiga qarab hukm yurutish qiyin. — Xudoyimdan o‘rgulayki, — dedi Kumush entikib va dahshatlanib, — yomonlarning jazasini o‘zi bergan. O‘g‘rilar teshib oldimg‘a chiqg‘anlarida men nima qilar edim? Oh, otajon! Men ajalimdan besh kun burun o‘lar edim. Qizingizdan ajralur edingiz!.. Meni g‘aflat uyqusi bosmag‘an bo‘lsa, nega bir gazlik paxsani kesar emishlar va boshimdan tuynuk ochar emishlar-da, men hech narsa sezmas emishman. Oftob oyim boshini chayqab: — Shuni ayt, qizim! — dedi. Qutidor: — Xudoning qanday hikmatlari bordirkim, shu kecha-kunduzlarda bizning tevaragimizda qonli voqi’alar ko‘rila boshladi: bu kun nikoh deganimizda Komilbekni hammomda o‘ldirib ketdilar (Kumushbibi yuzida bir yengillik ko‘rildi), kecha uyimiz orqasida bir emas, uch kishi o‘ldirildilar. Xudo oxirini baxayr qilsin endi... — Inshoolloh, ishning oxiri xayrlikdir, otajon,— dedi Kumush, — chunki bizning molimizga ko‘z olaytirib yomon niyat bilan uyimiz orqasini teshkuchilarni yer bilan yakson etdirishi istiqbolimizning xayrlik follaridandir, otajon! — To‘g‘ri aytasan, qizim, — dedi qutidor. Kumush o‘zining qo‘ng‘uroqdek tovshi bilan davom etdi: — Bu maqtullar kimlar bo‘lsa bo‘lsin, bizning uyi-miz orqasig‘a yaxshi niyat bilan kelguchi kishilar emas va bularni tuproqqa qorishdirg‘uchi ham bizga xayrixoh bo‘lg‘an qotil va yo qotillardir... Bizga muncha yaxshiliq qilg‘an kishi kim bo‘lsa ham xudo ajrini bersin! — dedi. Qutidor qizining so‘zini kuchlab tushdi. — Bizga yomon niyati bilan qarag‘an bo‘lsalar, xudo jazalarini berdi. Bizga xayrixoh bo‘lg‘anlarning ham xayri jazalarini berar, — dedi. Kumushbibi bu qo‘rqunch uyda yota olmaslig‘ini bildirgani uchun Oftob oyim To‘ybekadan Kumushning buyumlarini ikkinchi uyga tashita boshladi. Qutidor esa butun kun mehmonxonasig‘a kelib-ketib turg‘an ko‘ngil so‘rag‘uchi oshna, yor-do‘stlari bilan ovora bo‘ldi. Shomdan so‘ng qutidor endigina mehmonlardan bo‘-shab ichkariga kirgan edi, mehmonxona yig‘ishtirib qolg‘an To‘ybeka qutidor yonig‘a kelib dedi: — Sizni bir kishi chaqiradir. — Qanaqa kishi, tanidingmi? — Tanimadim. Qutidor erinibgina tashqariga chiqdi-da, mehmon-xonada o‘lturg‘uchi tanish bo‘lmag‘an kishi bilan sovuqqina ko‘rishib so‘radi: — Xizmat? Usta Alim qutidorg‘a kulimsirab olg‘ach: — Ruxsatsiz mehmonxonangizga kirganim uchun kechirasiz, — dedi. — Aybi yo‘q, mulla, — dedi qutidor va qarshima-qarshi ulturishdilar. — Yomonlar suiqasdidan salomat qutilishingiz mubo-rak bo‘lsin! — Tangriga qulluq bo‘lsin! — dedi qutidor. Mehmonxona qorong‘ilanib ketkani uchun havli supirib turg‘uchi To‘ybekaga darichadan turib buyurdi: — Sham’ yoqib chiq, To‘ybeka! Sham’ chiqishini kutkandek usta Alim boshini quyi solib o‘lturar edi. Qutidor «nima yumishing bor menda» degandek qilib unga savol nazari bilan ko‘z tashlar va qur’on tinglovchi kishidek bo‘lib o‘lturg‘uchi majhul kishidan taajjublanar edi. Nihoyat, sham’ kelib tokchaga qo‘ndirilg‘ach, usta Alim muroqabadan boshini ko‘tarib qutidorg‘a qaradi: — Mendan taajjublandingiz, — dedi va qo‘ynidan maktublarni chiqarib bittasini qutidorg‘a uzatdi, — mendan ham bu maktub ajibroqdir, — deb kuldi. Qutidor xatning unvoniga ko‘z yugirtirib chiqg‘ach, usta Alim aytkandek taajjub ichida xatni ochdi... O‘qub bitirgach, ul dahshat va taajjub ichida toshdek qotib qolg‘an edi... Agarda uning yonida usta Alim bo‘lmag‘anda edi, ehtimol ul qay va qatlarg‘acha serrayib qolar edi. — Jon va oilangiz dushmani bo‘lg‘an bir badbaxt endi o‘z qilmishining jazasini ko‘rdi, burodarim Otabek ularning totiqlarini xo‘b boblab berdi, — dedi usta Alim va davom etdi: — shuning bilan sizning najib oilangiz dahshatlik foji’a davrlarini kechirib, endi ma’sud kunlar arafasiga yetdi. Xatni o‘qub sizning dahshatlanishingiz emas, quvonishingiz, dushmaningizni yuz tuban qilg‘ani uchun haq taolog‘a shukur aytishingiz kerakdir! Qutidor hushini boshig‘a yig‘ayozdi va uflab tin olg‘ach, hayajon ichida so‘radi: — Men bilan Otabekni qamatdirg‘an va dor ostlarig‘a yuborg‘an Homidmi? — Homid. — Taloq xati yozg‘uchi Otabek emasmi? — Hosho va kallo, Otabek munday gapdan xabarsiz. Uning otidan taloq xati yozg‘uchi ham shu badbaxt Homid. Mundan so‘ng qutidor turib ichkariga yugirdi, yarim yo‘ldanoq tanchada o‘lturg‘uchi Oftob oyim bilan Kumushka qichqirdi: — Sir ochildi! Ikkisi ham sachrab qutidorg‘a qaradilar-da, birdan so‘radilar: — Nima, qanday sir? Qutidor tanchaga borib o‘lturmadi-da, ayvon peshonasidan turib, qo‘lidag‘i xatni yuqori tovush bilan o‘qub chiqdi: «Muhtaram qayin otamizg‘a! Siz bilan meni qorong‘i zindonlarg‘a tushirib, dor ostlarig‘acha tortkan, buning ila o‘zining vahshiyona tilagiga yeta olmag‘andan keyin manim tilimdan soxta taloq xati yozib darvoza yonidan haydattirishka muvaffaq bo‘lg‘an va bir gunohsizni shahid etkan Homid ismlik bir to‘ng‘uzni nihoyat, ikki yillik sargardonligim so‘nggida yordamchilari bilan tuproqqa qorishdirishg‘a muvaffaq bo‘ldim... Sizning shonli havlingiz yonida voqi’ bo‘lg‘an bu kurash albatta sizni va uy-ichingiz ham yor-do‘stlaringizni anchagina tinchsizlikka qo‘yg‘an bo‘lsa kerak. Na choraki, yomonlarni sizning havlingiz orqasida rafiqam qasdida bo‘lg‘anlari paytida uchratishg‘a to‘g‘ri keldi va men bu ishka majbur qoldim. Buning uchun albatta meni kechirarsiz umididaman. Faqat sizning tinchsizlanishingiz va mardumning yuqori-quyi so‘zi bo‘lmasa sizga boshqa zarar bo‘lur, deb o‘ylay olmayman. Sizdan bu ulug‘ gunohim uchun afu so‘rab, haydalg‘an o‘g‘lingiz Otabek Yusufbek hoji o‘g‘li». Ammo qutidor «haydalg‘an» so‘zini tashlab o‘qudi. Maktub o‘qulib bitkanda Oftob oyim, ayniqsa, Kumush qutidorning boyag‘i holig‘a tushgan edilar. Kumushning bu daqiqadag‘i holini qalam bilan chizib ko‘rsatish albatta mumkin emas edi. Ul titrar edi, ko‘karar edi, to‘lg‘anar edi... Hozirgi eng kuchlik hissiyotini hissiyotning a’lo ifodachisi bo‘lg‘an yosh bilan to‘kar edi. Qutidor o‘z tomonidan ham izoh berib chiqdi: — Men bilan Otabekni qamatib dor ostig‘a yubor-g‘uchi, Otabek tilidan soxta taloq xati yozib bir-birimizdan judo etkuchi, Komilbekni o‘ldirguchi, uyimiz orqasini teshib Kumush qasdida bo‘lg‘uchi — hammasi ham shu battol Homid ekan... Ammo badbaxtni ikki kishisi bilan tuproqqa qorishdirib ketkuchi Otabek ekan! Oftob oyim titrag‘an tovush bilan: — Uyatsiz Homid, — dedi. Kumushbibi: — Bechora begim, — deb qo‘ydi. Uchchavi ham yurakni to‘xtatib olish uchun anchagacha jim qoldilar. — O‘zi esonmikin? — deb so‘radi oxirda Kumush. — Xatig‘a qarag‘anda sog‘, — dedi qutidor. Oftob oyim so‘radi: — O‘zi qayerda emish, xatni sizga kim kelturdi? Bu savoldan qutidorning esiga mehmonxonada o‘l-turgan usta Alim tushkan edi. O‘rnidan irg‘ib turdi-da, xotinig‘a javob bermasdan tashqarisig‘a chiqdi. Ul usta Alimning qarshisig‘a o‘lturganda, mehmonxonaning yuqori darichasi ostig‘a Oftob oyim bilan Kumush xat keltirguchining so‘zini eshitish uchun kelib to‘xtag‘an edilar. Qutidor uzr aytdi: — Kelturgan xabaringiz ta’sirida sizni unutayozibman... — Men buni payqadim, — dedi usta Alim kulib,— shu yo‘sinda makkor Homidning iblisona dasisasi bir oilani tamom ishdan chiqarayozg‘ankim, bu to‘g‘rida ayniqsa sizga so‘zlash ortiqchadir. Ammo arslon yuraklik Otabek ham badbaxtni shundog‘ yanchib tashladikim, bu juda oz kishilar qo‘lidan kelaturgan ishdir. — O‘g‘rilarni o‘ldirganda Otabekning yonida necha kishisi bo‘lgan? — deb so‘radi qutidor. Usta kuldi: — Otabekning tanho o‘zi! — dedi. — Uch kishiga tanho o‘zi? — qutidor ishonmag‘an edi. — Azamatning yolg‘iz o‘zi! — deb usta Alim ilgarigi so‘zini qaytaladi. — Astag‘firulloh... Nega menga bu to‘g‘rida xabar bermagan? — Sizga xabar berib o‘lturishni yigitlik otig‘a eb bilmay, hatto menga ham bir narsa sezdirmagan. Men hali bu nuqsoni uchun ayblasam: «Men o‘zimning ashaddiy dushmanim bilan tanho kurashib yo jon bermakka va yo jon olmaqqa qaror bergan edim. Shuning uchun hech kimga ham bildirmadim», deydir. Qutidor bir tomondan dahshatka tushsa, ikkinchi jihatdan Otabekning dov yuragiga hayron qolar edi. — O‘ziga jarohat olmag‘anmi? — deb so‘radi qutidor. — Bo‘ksasi bilan qo‘lidan yaralang‘an bo‘lsa ham zararsizdir. Usta Alim qutidorning ba’zi bir e’tirozlariga qarshi Otabekning qutidor tomonidan quvlang‘anidan tortib, shundan beri Marg‘ilong‘a yetti-sakkiz martaba kelib ketkanini, har bir kelishida o‘zining uyiga kelib tushkanini va qalin o‘rtoq bo‘lib olg‘anlarini, shundoq bo‘lsa ham Otabekning o‘zidan chin ismini yashirib yurg‘anini, jum’a kuni usta Farfidan birinchi martaba o‘z raqibini tanishini, nihoyat bu kungina unga chin ismini ochqanini so‘zlab chiqdi. — Taloq xati-ku soxta ekan, — dedi qutidor, — nega biznikiga bir kelgani bilan qaytib kelmadi ekan? — Chunki uning so‘ziga qaraganda, siz uni og‘irroq tariqa bilan darbozangiz yonidan jo‘natqan ekansiz, — deb izohladi usta. — Toshkanddan uylanishida sizning bilfe’l bosh qo‘shishingizni faqat qizingizni undan chiqarib olish uchun qurilg‘an bir hiyla ekan, deb o‘ylab, qaytib eshikingizga oyoq bosmag‘an, hatto xotinini qozig‘a chaqirish to‘g‘risida fikri bo‘lsa ham, siz bilan uchrashishdan qochib bu fikridan ham qaytqan, ya’ni sizning qizingiz bo‘lg‘ani uchun suygan xotinidan ham kechmakka qaror bergan. Qutidor hali ham Otabekning ruhiga tushuna olmag‘an edi: — Mendan o‘zi xafa bo‘lg‘an bo‘lsa, orag‘a kishi qo‘ysa ham bo‘lar edi. — Shundog‘ qilsa ham bo‘lar edi, — dedi kulib usta Alim, — men hali undan shunday deb so‘rasam, «O‘zimga ishonmag‘an kishi kishi so‘ziga kirarmidi, deb o‘yladim», deydir. Kuyavingizning qiziq tabi’atini shundan ham yaxshi bilib olsangiz bo‘ladirkim, shu choqqacha ota-onalari ham bu foji’adan xabarsiz ekanlar. — Qiziq yigit, — dedi qutidor, — mendan ham katta nodonliq o‘tkan. — Hammasi ham taqdirning ishi, amak, bu orada siz bilan manim hech bir ixtiyorimiz yo‘q. — Albatta yo‘q, — dedi qutidor va so‘radi: — o‘zi siznikidami? — Bu kun peshinda Toshkand jo‘nab ketdi. Qutidor tushuna olmag‘an edi: — Nega-nega? — deb so‘radi. — Nega... sababini men ham yaxshi tushuna olmadim. — Qaytib keladirgan vaqtini aytkandir? — Bu to‘g‘rini so‘rag‘an edim, muhmalroq javob berdi,— dedi usta va yonini kovlab xatni oldi. — Bu xat karimangizga bo‘lsa kerak, endi menga ruxsat, — dedi va fotiha o‘qub o‘rnidan qo‘zg‘aldi. — Men sizga dasturxon yozdirishni ham unutqanman, qo‘zg‘almangiz! — Rahmat, amak, hozircha meni kechirib turasiz, ammo bapirja kattaroq ziyofatni unutmaysiz, — deb kuldi usta Alim. Qutidor uni ko‘chagacha kuzatib chiqdi. Kumushbibi daricha orqasidan hamma gapni eshitib olg‘an va hissiyotini yum-yum yig‘lab o‘tkargan edi. Oftob oyim Kumush bilan boshlashib ichkariga kirar ekan, so‘radi: — Homidning yomonlig‘ini bizga ulashdirib yurgan puchuq xotinning shumligi o‘z boshig‘a yetib, o‘lganlarning bittasi o‘shaning o‘g‘li ekan, bildingmi? — O‘lganidan menga nima foyda, — dedi Kumush. Oftob oyim qizig‘a ajablangan edi. — Foydasini ko‘rib turibsan-ku, axir. — Foydasi Toshkandga ketib qolg‘animi? — Ketib qolg‘an bo‘lsa, tag‘in bir kun kelar. — Kelmaydi, — dedi o‘ksib Kumush, — uning hamma harakati dushmanidan o‘chini olish uchun ekan. — Kim aytdi sanga? — Xat olib kelganning so‘zidan payqadim. Oftob oyim kuldi: — Ering sani tashlab ketmas, qo‘rqma qizim, — dedi,— saning boshingg‘a tikilgan bu balolarni o‘zining shirin jonidan kechib daf’ qilg‘an Otabek, seni sira ham unutmas, sanga yozg‘an xatini otangdan olib o‘qub ko‘r-chi oldin. Kumushbibi yig‘idan qizarg‘an ko‘zini katta ochib so‘radi: — Menga xat yozg‘anmi? — Haligi kishi sanga atab dadangga bir xat berdi-ku, bilmadingmi? — Bilmadim, — dedi. Chunki ul usta Alimning «muhmal javob berdi» so‘zini eshitkach, tamoman o‘zini unutib, berilgan xatni payqamay qolg‘an edi. Ikki yildan beri suratini ko‘z o‘ngidan ketkuza olmag‘an, Otabekning yuzini ko‘ralmay, so‘zini eshita olmasa ham yozg‘an xatini o‘qub eshitish Kumush uchun katta qiymatka molik edi. Otasining yo‘lakdan kirishi bilan latif ko‘kragi kuchlik tin olish ila ko‘tarilib tashlandi-da, go‘yo Otabek bilan uchrashaturg‘andek yuragi o‘ynamoqqa boshladi. Qutidor kelib tanchaga o‘lturg‘ach, o‘ziga «amonatni topshiring» degan kabi qarab turg‘an Kumushka xatni uzatdi: — Sanga xat. Kumushbibi uyalib-netib turmadi va kimdan, deb ham so‘rab o‘lturmadi, darrov tokchada yonib turg‘an sham’ yonig‘a borib xatni ocha boshladi. Sham’ qarshisida qizarg‘an shahlo ko‘zlari, yosh bilan sing‘an jinggila kipriklari, chimirilg‘an to‘sdek qora qoshlari uni allaqanday bir holga qo‘yg‘an edilar. Qoshi ustiga to‘zg‘ib tushkan sochlarini tuzatib xatni o‘qudi: «Oy yuzlik rafiqam, qunduz qoshlik ma’shuqam Kumush xonimga! Shayton ustasi bo‘lg‘an Homidning manim otimdan sizga yozg‘an taloq xatisi ila menga qarshi yonib ketkan yurakingizning nafrat o‘ti ehtimol endi o‘cha tushkandir. Soxta taloq xatini olg‘an so‘ngingizda menga xitob qilib yozg‘an fikrlaringizdan ehtimol endi qaytayozg‘andirsiz... Bu xatni yozar ekan, muhabbatingiz bilan to‘luq bo‘lg‘an yurakim mudhish bir haqiqat ehtimolidan yafroq kabi titrar va o‘zining to‘lib-toshqan hasratlarini, faryodlarini ifodasidan adashar edi... Sizga ochib so‘zlay, go‘zal rafiqam: go‘yo manim bu maktubim sizning Komilbek uchun hasratlik yoshlar to‘kkan, o‘tlik ohlar tortqan chog‘ingizda erishar-da unutilg‘an, eskirgan bir yurakning arzini tinglay olmassiz va yonib turg‘an yurak o‘tingiz bilan kuydirarsiz... Ammo xatimni o‘qumasangiz-da va marhumingiz uchun tortqan ohingiz o‘tida kuydirsangiz-da, manim uchun farqsizdir. Nega deysizmi? Chunki siz manim shar’iy rafiqamsiz — yaxshiliq bilan-da va yomonliq bilan-da men buni isbot qilishg‘a hozirman! Uyingiz orqasida qilg‘an adabsizliklarim, xunxo‘rlik-larim uchun meni kechiringiz... Chunki men bu vahshiylikni ishlashda ixtiyorsiz edim: hayotingizning, nomusingizning saqlanishi buni taqozo etar edi... Albatta men ishonamankim, siz manim bu yaxshilig‘im uchun minnatdorlik qilarsiz. Lekin men bu minnatdorlikka o‘zimni sazovor hisoblay olmayman. Men o‘shal kuni kechasi dushmanlardan birini o‘ldirdim-da, so‘ng darajada zaiflandim, ikkinchi dushmandan yengilishimni va ko‘yingizda jon berishimni aniq bilib rohatlanib ketdim... Manim uchun ko‘yingizda va oyog‘ingiz uchida jon berish juda shirin edi va ko‘bdan beri g‘oyam edi. Shuning uchun yaqinrog‘ingizda o‘lmak uchun, o‘lar ekanman, so‘ng daqiqamda yana bir martaba bo‘yingizni olib o‘lish uchun dushman tomonidan uyingizga ochilg‘an tuynukchaga kirdim. Kirdim-da, sizni bo‘yingizni oldim, xafif tin olg‘andag‘i latif uxlag‘an tovshingizni eshitdim... Shu vaqt subhonolloh... o‘zimda kutilmagan bir kuch sezgan edim, ikki emas, ikki yuz dushmanga muqobala etishka o‘zimda qudrat ko‘rgan edim... Men o‘zimga bag‘ishlang‘an kuch manba’ini juda yaxshi onglar edim, mendagi bu o‘zgarish manba’i uy ichida uxlag‘uchi bir malak edi... Siz edingiz!» Kumushbibi xatning bu o‘rniga yetkanda qizarinib, bir oz o‘qushdan to‘xtab oldi va davom etdi: «Shundan so‘ng ikkinchi dushmanni tuynukdan chiqmayoq ishini bitirdim. Bizning foji’amizning asl omili bo‘lg‘an Homid esa go‘yo manim qo‘limda mushuk kabi o‘yin bo‘lg‘an, uni kulib turib, o‘ynab turib tilimlagan edim... Esingizda bormi, meni dor ostidan qutqarib, menga yangi hayot bag‘ishlag‘aningiz? Bu kecha ham bu ikkinchi o‘limdan qutqarg‘uchi va ikkinchi martaba menga hayot bag‘ishlag‘uchi yana siz bo‘ldingiz! Shuning uchun minnatdorlik etkuchi siz emas, men bo‘lishg‘a tegishman! Sizdan emas, otangizdan bir o‘pkalashim bor: soxta taloq xatini manim o‘z qo‘lim bo‘lib, bo‘lmag‘anini ajrata olmag‘an. Gumonimcha bu soxta xat sizga ham ko‘rsatilmagan o‘xshaydir, chunki, ayniqsa, sizning ko‘z o‘ngingizdan bu haqiqat qutila olmas edi... Har holda taqdirning bunchalik o‘yinlari turg‘an bir zamonda biz nima ham qila olur edik? Bu to‘g‘rida mendan ham o‘tkan joylari bordirkim, sizning birinchi martaba menga yozg‘an xatingiz ma’nosidan dahshatlik suratda o‘zimni tag‘ofilg‘a solg‘an va xat kelturguchini surishtirmasdan javob xati berib yuborgan edim. Shuning ila sizni-da, o‘zimni-da Homid qo‘lida o‘yin bo‘lmog‘imizg‘a katta yo‘l ochqan edim. Ba’zi ehtimollarga qarshi siz bilan ko‘rishmak menga muyassar bo‘lmadi. Umrimda birinchi martaba ko‘ngil orzusig‘a qarshi bordim. Chunki manimcha oradag‘i qora tikon supirilgan edi. Mundan so‘ng hamisha meniki edingiz. Men Toshkandda yurarman, ammo ko‘zim o‘ngida sizning haykalingiz! Ajabo, busiz menga mumkinmi?! Zavjingiz Otabek». Kumushbibi xatni o‘qub tugatdi-da, yugirgilagancha uyiga kirib ketdi. Uning bu harakatidan qutidor bilan Oftob oyim ajabsinishib bir-birlariga qarashg‘an edilar. Kumushbibi qo‘lida ikkinchi bir maktub ko‘targanicha uydan chiqdi-da, sham’ yonida ikki xatni bir-birisiga solishtirib ko‘rdi. Bu xat Homidning Otabek tilidan yozg‘an taloqnomasi edi. Bu ikki xat birinchi qarashda-yoq ikki kishi tomonidan yozilg‘anliqlarini o‘z og‘izlaridan so‘zlab turar edilar. Kumushbibi ikki xatni qator ushlab otasig‘a ko‘r-satdi: — Bularga qarangiz, ota! Bizni nechog‘liq g‘aflat bosqan ekan, — dedi. Qutidor qizining maqsadig‘a tushunib ikki turli qo‘lni darrav payqab oldi: — Vijdonsiz, iblis, imonsiz, kofir, — deb qo‘ydi. Kumushbibi Otabekning xatini buklab cho‘nchagiga soldi-da, soxta xatni sham’ga tutib yondirar ekan, otasidan so‘radi. — Shu voqi’adan so‘ng kuyavingiz aniq kelganmi edi? — Kelgan edi, qizim. — Bechorani nega haydadingiz-da, nega meni, loaqal oyimni bu kelishdan xabardor qilmadingiz? — Men uning kelishini boshqa gapka yo‘yib, sizlarga bildirmagan edim... — Qizimizni taloq qilg‘an bir kishini Toshkand degan joydan eshikingizga kelishi sizga g‘arib tuyulmag‘anmi edi? — deb yana so‘radi Kumush. Qutidor uyalish va o‘kinish orasida: — Jaholat kelsa, aql qochadir, qizim, — deb qo‘ydi. Oftob oyim bilan qutidor Homidning iblisona ishla-riga «tavba-tavba» deb muqobala qilsalar ham, ammo Otabekning favqulodda yurakini so‘z orasida «baraka topkur, umring uzoq bo‘lg‘ur» bilan qarshi olar edilar. Kumushbibi esa butunlay boshqa qayg‘uda edi. Eru xotinning so‘zlari Otabekning Toshkandga ketib qolishi to‘g‘risig‘a kelib taqaldi-da, Oftob oyim Kumushdan so‘radi: — Senga kelishidan aytkanmi? Kumushbibi siltalash nazari bilan ularga qaradi va keskin ohangda javob berdi. — Aytmagan! Eru xotin ma’nolik qilib bir-birlariga qarashib olg‘ach, orada uzoqqina sukut boshlandi. Kumush quti-dorg‘a savol nazari bilan bir-ikki qayta qarab ham qo‘ydi. — Kelib qolsa yaxshi, — dedi nihoyat qutidor, — kelmasa, Toshkandga o‘zimiz tushamiz-da, — deb xo-tinig‘a qaradi. Bu so‘z Oftob oyimg‘a yoqmag‘anliqdan yuzini chetka burdi. Ammo Kumush otasidan rozi qolib, onasig‘a qaradi. — Qizing har qaysi yerda bo‘lsa ham sog‘ bo‘lsin, — dedi xotinig‘a qutidor. — Eriga topshirib, sen bilan manim tinchkina duo qilib o‘lturganimiz ma’qul o‘x-shaydir. — Endi qizingizning bir kami kundash balosi edimi?— dedi sapchib Oftob oyim. Qutidor xotinig‘a kulib qaradi: — Eri yaxshi bo‘lsa, kundash balosi nima degan gap? — Eri ming yaxshi bo‘lsin, baribir kundash kundashligini qila beradir. Mashoyixlar bilmasdan «kundash» demaganlar. Qutidor qizig‘a qarab kuldi va xotinini yupatdi: — Hamma vaqtga emas, qo‘rqma. — Menga qolsa bir kunni ham ko‘b ko‘raman, kundash bilan kechirilgan kun — kunmi? — Kuyavingning shuncha qilg‘an jonbozlig‘ini unutdingmi? — Nega unutay, — dedi Oftob oyim. — Kelsin. Mana bosh usti, bolam bir emas ikki. Uldurki, qizimni kundash ustiga yuborishg‘a tish-tirnog‘im bilan qarshiman. — Besh-olti kunga ham-a? — Necha kunga? — Menga qolsa bitta-ikkita bolaliq bo‘lg‘uncha tur-sin, deyar edim. Sen bunga ko‘nmasang, bir-ikki oy turib kelsin, loaqal. Bir yigit qizingni deb ikki yillab sarson bo‘lg‘anda qizingni ikki oylik kundash azobidan hayf ko‘rish juda uyat, axir! Qutidor «bitta-ikkita bolaliq» so‘zini aytkanda Kumush qizarinib yerga qarag‘an edi. Oftob oyim eri-ning keyingi so‘zi bilan anchagina bo‘shashdi: — Bir oydan ortiqqa men rozi emasman, shunda ham kuyavimning yaxshilig‘i uchun, — dedi. — Ana endi o‘zingga kelding, xotin. — O‘zimga kelsam-kelmasam shartim haligi, shunda ham o‘zim birga borib kelaman. — Albatta, o‘zing birga borasan, qudalaring bilan tanishmog‘ing ham zarur. — Qachon yubormoqchi bo‘lasiz endi? — deb so‘radi Oftob oyim. Qutidor bir oz o‘ylab olg‘ach, Kumushka qarab javob berdi. — Otabek bilan ketma-ket chopishmog‘imiz ham uncha ma’qul ko‘rinmaydir. Undan so‘ng qish kuni arava safari ham qulay ish emas. Shuning uchun oradag‘i uch oy qishni o‘tkazib jo‘narmiz, — dedi. Kumushning uch oy muddatni eshitgach, juda ham hurpayib ketkani uchun bo‘lsa kerak, — balki o‘zi ham birar oylarda kelib qolar, — degan so‘zni-da qo‘shib qo‘ydi. O'tkan kunlar — 41. Musulmonqul istibdodiga xotima Musulmonqulning aholi ustiga bo‘lg‘an jabru zulmi haddan tashqari ketdi. Uning istibdodi o‘zga shahar-larga uncha sezilmasa ham, ammo markaz — Qo‘qon odamlarini juda to‘ydirdi. Uning o‘z kayficha oyda emas, haftada solib turg‘an soliqlari fuqaroning terisini shilsa, arzimagan sabablar bilan qora chopon beklarini osdirib, kesdirib turishi xosni (xavosni) ham esankiratdi. Otig‘ag‘ina xon bo‘lib o‘lturg‘uchi Xudoyor ham osdirish, kesdirish va yorlaqash o‘z ixtiyorida bo‘lg‘an Musulmonqul maydondan olinmagan fursatda o‘zining qo‘g‘irchoq sifat yuraberishini tushundi. Ko‘bdan beri unga yuragida kek saqlab kelib, ammo ne tariqada najotka chiqishini bilmadi. Chunki ul suyanadirg‘an Qo‘qon beklarini «mana» deganlari Musulmonqul va kishilari (qipchoqlar) tomonidan osilib kesilganlar, qolg‘anlari tovush chiqarishg‘a majolsiz edilar. Atrof shahar va qishloq beklari ham aksar qipchoqlardan, ya’ni Musulmonqulning o‘z odamlaridan, ulardan bir ish kutish yana mumkin emas. Shahar xalqining har bir tabaqasi deyarlik Musul-monqul dakkisini yeb kelgan, magar ulamo xalqi undan juda rozi, zeroki Musulmonqulning birinchi istinodgohi o‘zining qipchoqlari bo‘lsa, ikkinchisi ulamolar edi. Ul ulamo orqaliq o‘z zulmini mashru’ bir tuska qo‘yg‘an, o‘zi uchun zararlik unsurlarni yo‘qotishda shu ulamolardan «ululamirga bog‘iyliq» degan fatvoni olishni unutmag‘an edi. Ulamoning bu yanglig‘ istibdodni «bog‘iyliq» rangi bilan bo‘yab berishi mukofoti uchun Qo‘qon va Andijon kabi shaharlarga ma’lum madrasalarni bino qilg‘an va bu madrasalarga xizmati bilan tanilg‘an ulamodan mudarrislar ta’yinlag‘an edi. Ammo Musulmonqulg‘a yaqinlasha olmag‘an, ya’ni uning xizmat va marhamatidan chetda qolg‘an «nimcha» ulamolar ham yo‘q emas edilar. Aztahidil Musulmonqulning otalig‘idan qutilishni va mustaqil ravishda hukmron bo‘lishni orzu etkan Xudoyor, nihoyat keyin qayin otasi bilan kurashda o‘ziga birinchi istinodgoh qilib shu keyingi sinf ulamoni oldi. Musulmonqul balosidan qutilg‘andan so‘ng Xudo-yorning ularga qiladirg‘an in’om va ehsonlari, beradirgan mansablarining naqddek va’dasi barakasida bu keyingi tabaqa — Qo‘qon mullalari harakatka keldilar. Musulmonqul tarafdori ulamolar uning siyosatini shari’atqa qancha mutobiq ko‘rsatib kelgan bo‘lsalar, bu keyingilar ham o‘shancha xilofi shar’iy ekanligini isbotka kirishdilar. Boshda bu harakat albatta «yeng ichida» bo‘ldi va bu harakatning boshida Xudoyorning o‘zi turdi. Birinchi galda yashirin ravishda Toshkand, Andijon, Marg‘ilon va o‘zga shaharlarning ishonchlik ulamo va beklariga Musulmonqul istibdodidan qutulishda ko‘mak berish uchun murojaatnomalar yo‘llanildi. Bu murojaatnoma-larda Musulmonqulning nomashru’ ishlari, Qo‘qon odamlariga qilg‘an jabru zulmlari sanalgan, keyingi vaqtlarda xonning o‘zi ham bu zulmlar qarshisida chidab tura olmasliq holg‘a kelganligi so‘zlanilg‘an, agarda boshqa shahar ulamo va ashrofidan ko‘mak bo‘lg‘an taqdirda bilfe’l Musulmonqulg‘a qarshi ko‘tarilishka hozir turilg‘anlig‘i aytilgan edi. Ikkinchi galda Qo‘qon sipohlarining qipchoqdan boshqa qismig‘a yashirin ra-vishda, umuman anovilarg‘a qarshi tashviqot yurgizilib boshlang‘an edi. Andijon, Marg‘ilon, Namangan kabi shaharlardan «xon bu ishni maslahat ko‘rsalar, biz yordamga hozirmiz» degan quruq va’dalar kelib, ammo Toshkanddagi Yusufbek hoji to‘dasidan amaliy choralarini ham ko‘rsatilib yozilg‘an javob maktubi oling‘an edi. Maktubda aytilar edi: «Siz Xo‘qand ulamoyi kiromlarining Musulmonqul xunxo‘rlig‘idan faryodga kelib va shari’ati mustafoni orag‘a vosita qilib yozg‘an maxfiy xatlarini oldiq. Biz Toshkand ulamo va ashrofidin domla Solihbek oxund, mulla Yusufbek hoji, sarkardalardin Qosim va Niyoz qushbegilar, Karimqul va Muhammadrajab qo‘rboshi ham Qambar sharbatdorlar bir orag‘a o‘lturishib voqi’an Musulmonqulning zulm va taaddasi Xo‘qand fuqarosi va ayni zamonda bo‘lak shahar va qishloq, kent aholisi ustiga ham bag‘oyat oshib borg‘anlig‘ini muzokara va mukolama qilishdiq. Biz faqirlari ham Musulmonqul harakati behudasini shari’atga xilof, yurt va el uchun muzir, xalo-yiqning osoyish va umr guzaronlig‘i vajhiga xalaldir deb bildik. Bul ma’niga ul tojdor amiralmo‘’minin muvofaqat ko‘rsatsalar ul beparhez g‘osibi taxtu saltanatning haydalmog‘i behroqdir va yana Toshkand mardumlari bul to‘g‘rida haqiqat tomonida sobit qadam bo‘lmoqqa til berishurmiz. Basharti siz kiromlar ul beparhez zolimning mingboshiliq vazifasidin tard etishka azdilu jon bel bog‘lag‘an bo‘lsalaringiz, biz faqirlarning aqli qosirimizg‘a bir andisha keladir. Andog‘ki, Toshkand Xo‘qand hukumatidin yuz o‘girgan bo‘lib xudnafsiga mustaqillik e’lon qilsin. Bu taqdirda itoatdin bosh to‘lg‘ag‘an Toshkand ustiga albatta Musulmonqul zolim qo‘shin tortar. Ushbu qo‘shin orasig‘a siz kiromlar o‘z odamlaringizni ko‘broq kirguzishka ko‘shish qilib va yana janobi tojdor ham birga kelsinlar. Qo‘shin Toshkandga yetkan ba’dida bizlar tashqaridin va sizlar ichkaridin bo‘lib Musulmonqulni oradin ko‘targaymiz. Bul maslahat faqirlarning aqli qosirlarimizg‘a ko‘b tafakkurlar ba’dida kelib, yana ra’yi savob o‘zlarida bo‘lg‘ay. Ammo bul taqdirda qon to‘kilmasdin muddao husulg‘a kelurmu deb o‘ylaymiz. Boz maxfiy qol-mag‘aykim, Toshkand begi bo‘lg‘an zot borasida andisha lozim ermas, zero ul odam fuqaroning osoyishi yo‘lida jonbozliq qilg‘uchi kishidir. Bizlar limaslahatan nima desak, ul bo‘yin to‘lg‘amas. Inshoolloh, bu andishamiz kiromlarga ma’qul tushkan taqdirda janobi tojdorning hamray’larini olmoq va imkoni bo‘lsa ul janobning ismi shariflaridin bizlarga pisandnoma yozmoq marjudir. Toki bizlar ishonch birlan muddaog‘a shuru’ qilayliq». Bu xat Xudoyorning qo‘lig‘a tekkandan keyin xatda ko‘rsatilgan tadbirni juda ma’qul topdi va tezlikda o‘z ismidan tashakkur va pisandnoma yo‘lladi. Ijobatni olg‘andan so‘ng yuqorida mazkur Toshkand ashroflari bir majlis qurib o‘lturishka Normuhammad qushbegi (Toshkand hokimi)ni ham chaqirdilar. Majlisda xondan va ulamodan oling‘an murojaatnomani o‘qub Normuhammad qushbegiga eshitdirdilar. Majliska yig‘ilg‘ anlardan Yusufbek hoji va domla Solihbek oxundlar qushbegining pir, deb inobat qilg‘an odamlari bo‘lg‘anlari uchun elning osoyishi va mamlakatning obodlig‘i nomiga bu taklifni, ya’ni Qo‘qong‘a qarshi isyon etkan bo‘lib turishni ul o‘z bo‘ynig‘a oldi. Bundan onglashiladirkim, Normuhammad qushbegi ham o‘zi-ning valine’mati bo‘lg‘an Musulmonqulning tutkan siyosatini yurt manfaatiga xilof deb bilibdir. Uzoqlamay Normuhammad qushbegi Qo‘qondan bosh toblab o‘z oldig‘a mustaqil hukumat e’lon qilg‘an bo‘ldi va Yusufbek hojilarning o‘ylag‘an tadbirlari ayni kutkan natijalarni bera boshladi. Itoatdan bosh tortqan Toshkandga qarshi Musulmonqulning tepa sochi tik turib, adab berish niyatida safar jabdug‘ini tuzdi. Toshkandga qarshi ayniqsa g‘azablangan bo‘lib ko‘rin-guchi Xudoyor ham bu safarning tadorikini barobar ko‘rishdi va Musulmonqul bilan birlikda Toshkand ustiga chiqdilar. Yo‘l ustida ham Toshkand bilan yashirincha so‘z olishib, xatti-harakat chizishib turishdilar. Musulmonqul ilg‘ori Chirchiq bo‘yiga kelib yetkanda, qushbegi boshluq Toshkand yigitlari ham suvning berigi yuzida yov kutib turg‘an edilar. Tush chog‘ida ikki yov birbirlarig‘ a qarshi kelishdilar. Qo‘qonliqlar dam bermayino Toshkand qo‘shuni miltiqlarg‘a o‘t berdi. Musulmonqul kutmagan joyda qo‘shunidan bir durkumi o‘z ustiga hujum boshlab va bir firqasi Toshkand yigitlari tomoniga qochib o‘tdi. Musulmonqulning o‘z yigitlari (qipchoqlar) sarosimalikda qolib, Musulmonqulning mudofaasini-da va qochishni-da bilmay qoldilar. O‘z ustiga chug‘irchiqdek yopirilib kelmakda bo‘lg‘an qo‘qonliq va toshkandliklarga qarshi o‘zida kuch yo‘qlig‘ini bilgan Musulmonqul bir ot va bir qamchi arang qo‘shundan chiqib qochdi va bir qancha yo‘lg‘acha quvlandi. Boshluq orqasidan qochmoqchi bo‘lg‘an qipchoq yigitlariga munodi nido qildi: — Qipchoq og‘aynilar! Bizning hamma adovatimiz Musulmonqulg‘a edi! Siz og‘aynilar ilgari xon yonida qandog‘ xizmatda bo‘lg‘an bo‘lsalaringiz, endi ham o‘sha vazifada qolaberasizlar va lekin Musulmonqulg‘a tarafdorlaringiz bo‘lsa, tinchlikcha qo‘shindan chiqib ketsin! Qipchoq yigitlari ham bir yerga uyushib, o‘z taraflari-dan munodi qo‘ydilar. — Biz Musulmonqulni tanimaymiz! Bizning boshlug‘imiz Xudoyorxondir! Shundan so‘ng qipchoq va o‘zbek birga aralashib ketdi, go‘yo hamma adovat Musulmonqul bilan birga ketkandek bo‘lib, ikki xalq bir-biri bilan ko‘rishdi. O‘n minglab xalq yangidan Xudoyorg‘a itoat izhor etib, chin xonlik bilan uni muborakbod qilishdilar. Toshkand xalqi izzat-ikrom ostida xonni va Qo‘qon sipohini shaharga tushurib, o‘rdada uch kun ziyofat berdilar. Ziyofat asno-sida ittifoqning foydalari, tarqoqliqning zararlari so‘zlanildi. Qushbegi va Yusufbek hojilarning taklifi bilan Musulmonqul o‘rniga O‘ttaboy qushbegi (Marg‘i-lon hokimi) mingboshi belgulanib, to‘rtinchi kun Xudoyorxon qo‘shuni bilan Qo‘qong‘a qaytdi. Qish chiqar oldi. Musulmonqul voqi’asidan yigirma kunlar chamasi keyin edi. Muhammad Rajab qo‘rboshining uyidan ikki-uch qaytalab kishi kelabergandan keyin, Yusufbek hoji ilojsiz qolib borishg‘a majbur bo‘ldi. Yig‘inda Muhammadniyoz qushbegi, Qosim mingboshi, Qambar sharbatdor, Karimqul ponsadlardan tor-tib Toshkandning yetuklik ashrof va a’yonidan o‘n beshlab odam bor edi. Mehmonlar uchun meva-cheva, quyuq-suyuq tortildi. Ziyofat to‘kun edi. Yemak asnosida Niyoz qushbegi so‘zlab yig‘inning maqsadi bilan ahli majlisni tanishdira bordi: — Og‘alar, inilar! Bilindiki, og‘aynilar bir tan, bir jon bo‘lsalar qipchoq kasofatidan qutilish uncha qiyin tushmas ekan. Mundan bir oy ilgari biz qanday holda edik? Musulmonqulning omonsiz qilichi og‘aynining bo‘g‘zida edi. Xudo hoji akamizning umrini uzun qilib, bola-chaqasining egaligini ko‘rsatsinki, avvalo uning aqllik tadbiri, undan keyin og‘aynining bir yoqadan bosh chiqarishi soyasida Musulmonqul balosidan yengilgina qutildik. Ammo bu qutilishni chin qutilish deb bo‘lmaydi. Nega desalaringiz, oq it bo‘lmasa, qora it tovoq-qoshiqqa tegmakda. Hali biz sahroyi qipchoq elidan uzilkesil qutilg‘animiz yo‘q. Anovi Musulmonqul bo‘lmasa, boshqa Alimqulning bosh ko‘tarishi aniq, — dedi qushbegi va dasturxondan cho‘qinib davom etdi. — Normuhammadning ra’yini deb, hamma ixtiyor o‘z qo‘limizda bo‘lgani holda, O‘tabboyni mingboshi belgulab yuborduq... Bu ham o‘zimizning eng katta xatolarimizdin. Men o‘sha kundan beri o‘z-o‘zimdan bo‘g‘ilib yuriyman: Musulmonqulning iti bo‘lmasa, o‘zimizdan mingboshi bo‘larliq odam qurib qoluvdimi, deyman. Yo‘q, og‘alar, temirni qizig‘ida suqib qolish kerak! Qachong‘acha biz bu sahroyi itlar bilan sanu manga borishib yuramiz? Yaxshisi shulki, bu bosh og‘rig‘larni bir varakay oradan ko‘tarib tinchishaylik. Biz shu yerdagi og‘aynilar bilan kengashib bir gapka to‘xtab qo‘ydiq. Ammo bu maslahatning hoji akamizga ham ma’qul tushmog‘ida shubha qilmaymiz. Bu o‘yimizga xon ham bir narsa demasa kerak. Qo‘qon, Marg‘ilon, Andijon, O‘sh va boshqa yerlarning og‘aynilari ham bu gapdan bosh to‘lg‘amaslar. Nega desangiz, qipchoq degan iflos barchani ham jonidan to‘ydirdi, — dedi va nosqovog‘ini qoqa-qoqa bir otimini tilining tegiga tashladi. Yusufbek hoji haligi gap so‘zlang‘anda qo‘lidag‘i piyo-lasini chayqatib og‘ir bir holat kechirgan va chuqur bir sukutka ketkan edi. Boshqalar bo‘lsa Niyoz qushbegi-ning so‘zidan keyin bir ko‘zdan deyarlik hojining yuziga ti-kilgan edilar. Hoji miq etmay o‘ltura bergach, Qambar sharbatdor o‘zining xipcha tovshi bilan qushbegining gapini kuchlab tushdi: — So‘zingiz juda to‘g‘ri, qushbegi, — dedi, — siz aytkandek, bizga ikki yo‘l bor: Qipchoqni qirib yo‘yish va yoki butunlay qipchoq qo‘lida qolib ketish. Yusufbek hoji ko‘tarilib Qambar sharbatdorga qaradi va majlisni yer ostidan kuzatib chiqib, yana jim qoldi. Karimqulponsad hojini turtmak maqsadida: — Kengashlik ish tarqamas, deganlar. Hoji akamiz o‘ylashib javob bersinlar-chi, axir, — deb qo‘ydi. — Bilmadim... — dedi nihoyat hoji, — sizlarning muddaonglarga tushunmadimmi yoki tushunsam ham o‘zimga yotishib kelmadimi, hayronman. Niyoz qushbegi boshini qashib oldi: — Nimasiga hayronsiz, hoji! — Maqsadlaringiz Qambarbekning aytkanidek qipchoqni kesishmi? Qushbegi ikkilanmay javob berdi: — Kesish! — Sizlarni, — deb istehzolanib kuldi hoji, — bu ishka nima va kim majbur qiladur? Qushbegi yoronlarig‘a qarab oldi: — Savolingiz qiziq, — dedi, — sababi bizlardan ham ko‘ra sizga ma’lum bo‘lsa kerakku. — Durust aytasiz, — dedi hoji boshidagi sallasini olib, — Musulmonqulni haydamoqqa majbur bo‘lg‘an edik — haydadiq. Barcha yomonliq o‘shaning boshi bilan birga ketkandek qipchoq og‘aynilar ila totuklashdik, qipchoqlarning eski adovatlari bitdi... Bas, bizga tag‘in nima kerak? Hojining bu gapi majlisni bir-birisiga alanglatib qo‘ydi. Ammo qushbegi sirni boy bermas uchun tirishkandek qilib kuldi: — Musulmonqul endi tinch yotar, deb o‘ylaysizmi? — Albatta, o‘ylamayman, lekin Musulmonqulni tin-chimaydir deb ho‘lu quruq qipchoqqa tig‘ tortish hech bir aqlg‘a sig‘adirg‘an gap emas. O‘zingiz qushbegi ay-tingchi, biz bu kungacha yomonliqni kimdan ko‘rdik? Qipchoq otlig‘ xalqdanmi yoki uning sanog‘liq bo‘lg‘an bir necha kishilaridanmi? — Nafsilamrni aytkanda, biz qipchoq deganning har birisidan ham dakki yeb kelamiz. — So‘ngizda yanglishliq bor, qushbegi! Agar siz naf-silamrga qarasangiz ikki xalqni bir-birisiga sovuq ko‘rsatib, adovat tuxumini sochib kelguchi bir nechagina odam bor... Menga qolsa mamlakatni tinchitish uchun shular to‘g‘risida o‘ylash kerak. Nainki, to‘rtta muttahamni deb butun bir xalqqa hujum qilish! — Siz aytkandek, yomon to‘rttagina emas, hoji! Sahrodan kelgan har bir qipchoq bizning yelkamizga minmakchi. Bizning tovog‘imizga tumshug‘ini tiqmoq-chi— bunga qolganda ishni bir oz yengil o‘ylab turibsiz, hoji aka! Qosim mingboshi: — Hoji akamning hamma gaplari faqat rahmdillikdan aytiladir, — dedi, — ammo o‘ylash kerakki, qipchoq bu kungacha ozg‘ina og‘aynining qonini to‘kdimi? Anovi kun Marajabbek bilan hisoblashib ko‘rsak, Qo‘qonning o‘zidan ikki yilning ichida yetmish sakkiz bek o‘ldirilibdir. Hali bu hisobka fuqarodan o‘ldirilgan bechoralar kirmaydir. — Men bu haqiqatlardan tonib turg‘anim yo‘q, mingboshi. Ammo biz senga sen, deb javob bermasak, bizniki aql va insof doirasidan chiqmasa deyman... Oradan birav hojining so‘zini bo‘ldi: — Aql, insof bilan ish qila-qila endi juda to‘ydik. Hoji sukut qildi, o‘zining shunchalik gaplarini havog‘a ketib turg‘anini, majlisning Niyoz qushbegi ruhida borganlig‘ini yaxshi sezdi. Mundan boshqa Niyoz qushbegining bunday bir fikrga kelishi uchun uni nima majbur qilg‘an — buni ham ochiq ongladi. Niyoz qushbegining barcha kinasi O‘tabboyning mingboshi belgulangan kunidan boshlang‘anini, «men turg‘an yerda, qipchoq mingboshi bo‘lsinmi!» degan kek orasida bu fikr faqat uning tomonidan maydonga chiqarilg‘anlig‘i Yusufbek hojining mulohazasidan o‘tdi. Majlisning boshqa a’zolarig‘a bo‘lsa, ish yo‘g‘idan yumish chiqarishqa talabgor bekorchilar, deb qaradi. Albatta, el foydasidan ko‘ra o‘z manfaatini olding‘a surg‘uchi bu cho‘talchi beklarga qarshi hojining sovuqqonliq saqlay olishi va asabiylashmasligi mumkin emasdi. — Beklar, — dedi, — manim hamma mulohazam yurt, el manfaati nuqtasidan turib aytiladir. Men hech bir vaqt inkor qilaolmaymankim, yolg‘iz o‘z g‘arazi yo‘lida ish qilg‘uchi palid kishilar qipchoqlar orasida bor bo‘lg‘anidek, bizda ham yo‘q emas... Balki anovilarda o‘nlab bo‘lsa, bizda yuzlab bor. O‘zi bizning ko‘zimizga itdek sovuq ko‘ringan qipchoq bachcha Normuham-madning el uchun qilib turg‘an to‘g‘ri xizmatini men o‘z umrimdagi Toshkand beklari orasida birinchi martaba ko‘raman. Buni siz, yaxshilar ham inkor qila olmassiz. Bas, ayb qipchoqda emas, balki uning manfaati shaxsiyasi yo‘lida ish ko‘rguchi boshliqlarida va qipchoqlar o‘ylag‘andek gunoh qora choponlilarda bo‘lmay, balki uning uch-to‘rt ma’nisiz beklarida!.. Burodarlar! O‘rus o‘z ichimizdan chiqadirg‘an fitna-fasodni kutib, darbozamiz tegida qo‘r to‘kib yotibdir. Shunday mashhar kabi bir kunda biz chin yovg‘a beradirgan kuchimizni o‘z qo‘limiz bilan o‘ldirsak, sen falon deb qirilishsaq holimiz nima bo‘ladir. Bu to‘g‘rida ham fikr qilg‘uchimiz bormi? Kunimizning kofir qo‘lig‘a qolishi to‘g‘risida ham o‘ylaymizmi yoki bunga qarshi hozirlik ko‘rib qo‘yg‘anmizmi?! Hoji o‘zini tutolmay ko‘z yoshisini oq soqolig‘a quyib davom etti: — Mana, burodarlar! Siz o‘z qipchog‘ingiz uchun qabr qazig‘an fursatda, sizga ikkinchilar tobut chopadir. Biz qipchoqqa qilich ko‘targanda, o‘rus bizga to‘p o‘qlaydir. Siz dunyoda o‘zingizning yagona dushmaningiz qilib qipchoqni ko‘rsangiz, men boshqa yovni har zamon o‘z yaqinimg‘a yetkan ko‘raman! — dedi va ro‘ymoli bilan ko‘z yoshisini artib o‘rnidan turdi. — Agarda dunyodan o‘tayozg‘an bir keksangizning maslahatiga quloq bersalaringiz bu fikringizdan qayting, burodarlar! Illo Yusufbekni o‘ldig‘a chiqarib, bu shum ishingizdan meni tashqarida hisoblangiz! — dedi va majlisning o‘lturing, to‘xtang so‘ziga quloq solmay, o‘lturishni tashlab chiqdi. Hoji darbozadan chiqmag‘an ham edi, Niyoz qushbegi xaxolab kulib yubordi: — Voy vahmang qurg‘ir, hoji! Bu kun ko‘knori ichkan ekan, shekillik! — dedi. Boshliqdan kulgiga ruxsat berilgach, boshqalar ham kulishib, orada ola-g‘ovir boshlandi. — Yo‘q, — dedi Qambar sharbatdor, — hoji akaning yoshi qaytib, ko‘ngli juda ham bo‘shashib ketibdir! — Voy xo‘vari hoji, — dedi Niyoz qushbegi, — oldidag‘i ovni ko‘rmay, uzoqdagi yovni ko‘radir! — Xudda-xudda! Muhammad Rajab qo‘rboshi boshini chayqab Niyoz qushbegiga qaradi: — Men sizga aytib edim-a, qushbegi, — dedi, — hojini har narsaga ko‘ndirsangiz ham bu gapka ko‘ndi-rolmassiz, deb. — Men uni kela bermay ovora qilg‘anidan ham payqag‘an edim. — Kecha bir oz xomsigan edi, — dedi Karimqul ponsad. — Ish buzildi-da, — deb qo‘ydi Muhammad Rajab qo‘rboshi. — Nega buziladir? — deb so‘radi qushbegi. — Sirrimiz ochildi, albatta hoji tinch yotmaydir. — Sirrimiz hali ochilg‘an emas, — dedi ishonch bilan qushbegi, — agar biz shu o‘lturgan og‘aynilar boyag‘i gapda sobit qolsaq, sirrimizni yana yashirib ketish mumkin. — Masalan? — deb so‘radi Qambar sharbatdor. — O‘sha so‘zimiz — so‘z, ittifoqimiz — ittifoqmi? Majlis tasdiq ishorasini berib: — Albatta-albatta! — deyishdi. — So‘z bitta bo‘ladirgan bo‘lsa, — dedi qushbegi, — hojining ishi juda oson, biz hozir so‘zni bir joyga yetkuzamiz-da, birimiz hojining oldig‘a borib, masla-hatingizni muvofiq ko‘rdik, biz yanglishqan ekanmiz, deymiz. Albatta, hoji ishonadir-da, hech kimga so‘zlamay qo‘yadir. Biz bo‘lsak, yeng ichida hozirlik ko‘ra beramiz, ana xolos. — Ma’qul gap, to‘g‘ri maslahat! — Ma’qullikka ma’qul, — dedi qushbegi, — ammo gap bu yerdaki, biz aniq ishka bel bog‘laymizmi? — Bog‘laymiz, bog‘laymiz! — Barakalla, — dedi qushbegi, — ma’lum bo‘la-dirki, hammamiz ham yakdil ekanmiz, endi boshqa gapka o‘tsaq ham bo‘ladir. — Xonni ko‘ndirib bo‘larmikin? — deb so‘radi Qosim mingboshi. Qushbegi kuldi: — Xon ko‘ngan hisob, — dedi. Bu gap majliska uncha onglashilmadi shekillik, ajablanib bir-birlariga qarashdilar. — Izoh, qushbegi, izoh! Qushbegi izoh berdi: — Men xonni Toshkanddan jo‘natish oldida uning xoli vaqtini topib, bu fikrimni bir daraja arz qilib o‘tkan edim, — dedi, — bu fikrim xonga juda ma’qul tushkan bo‘lsa kerak, so‘zimni e’tibor bilan tinglab turdi va javobida: «Yaxshi. O‘ylashib, tadbirlari bilan menga fikringizni yozing, men ham o‘ylab ko‘rarman», dedi. Menga qolsa bu to‘g‘rida bizdan xabar kutib xonning uyqusi ham kelmay yotqandir: bizga faqat ishning o‘naqayini topib xondan tasdiq etdirishgina qolgan. — Xon tayyor ekan bo‘lmasa, — dedi kulimsirab Qambar sharbatdor. — Tayyor ekan, tayyor ekan! Shundan keyin ishning o‘naqayi to‘g‘risida muzokara va mubohasa boshlandi. Har kim bir turlik fikr bayon qilib, uzoq bosh og‘ritdilar va natijada xonga quyidagi noma yozildi: «Tojdori musulmonon, xoqon ibni xoqon shahan-shohi navjuvon, toji sari xushbaxton huzuri humoyun oliylariga arzi ubudiyat adosidan so‘ngra biz faqirul-haqir sadoqatpeshai benazir qullaridin arzi bandalik shuldurkim, navkarlari doimulavqot ul janobga qipchoq xaloyiqi beparxezidin birar osibi yetarmu deb harosidadirmiz. Va yana ul haromzoda sahroyilarning ro‘yi zamindin taroshlamay turib, ul janobi oliyning ta’mini amniyatlari ham biz qullaricha ko‘b xavfu xatar ostida bo‘lg‘andek taxmin qilinadir. Shul mulohaza va andishalar ba’dida biz Toshkand qullaridin bir nechalarimiz bir yerga jam’ bo‘lishib, duru-daroz tafakkur va tahayyurlar so‘ngg‘ida azbaroyi ul shahanshohning ko‘b zamonlar boshimiz soyabon bo‘lmoqlari umidida bar taqdir ul tojdorning xotiri otir daryo muqotirlariga pisand tushib ijobat og‘oz qilsalar, bir ma’nini xo‘b va sadoqat maqosidig‘a mahbub deb bildik. Andog‘ki, ul xaloyiqi g‘assoblarni o‘n besh sinni solidin bolig‘ va yetmish yoshidin quyi har bir erkak zotini bilotarahhum qatli om qullaricha sazovordir va illo ul murtaddin badtar jobir va bexiradlardin janobi tojdorg‘a xarro‘z balki har soat xavf bordir. Ammo bul taqrirni o‘shal muayyan qatli om soati yetmag‘uncha har bir bexirat va bog‘iy bo‘lmog‘i yaqin majhul odamlardin po‘shida tutilmog‘i marjudir. Va lekin ul tojdor bir soati sa’idi muzaffarni muayyan aylab qalamravlaridagi barcha shahar va ko‘ylar, qishloq va kentlarning sadoqati zohir va qalbi tohir qullarig‘a maxfiy nomalar ko‘ndirib, sakbachchalarning qatli omig‘a amri oliylarini darig‘ tutmag‘aylar. Ammo Xo‘qandi firdavs monandning o‘zida ul shaqovatpeshalar behad va behisob nufuska molik bo‘lg‘anlari vajhidin biz Toshkand navkarlarining i’onati beshakku shubha vojibdur. Siz shahanshohi, o‘shal soati muzaffarni ta’yin aylab, biz qullarig‘a xabar yuborsalar, bunda lozim bo‘lg‘an odamimizni qoldirib va yana har qayusimizg‘a tegishlik bir yuz, ikki yuz va besh yuz yigitimizni olib, xaloyiq ko‘zida go‘yo janobi tojdorning Musulmonqul falokatidin ozodliqg‘a chiqib mustaqil sohibi toj bo‘lg‘anlarini muborakbod qilmoq uchun yurgan bo‘lib, i’onatlariga yetarmiz va darbozadin kirishimiz on faj’atan ul galai saklarga hujum boshlab, qatli omga qilich tortarmiz. Va yana maxfiy qolmag‘aykim, Toshkandning alhol beklik mansabida o‘lturg‘uchi qipchoq Normuhammad borasida qandog‘ farmon ber-g‘aylar, bul ma’nida ham ishoratini darig‘ tutmasalar qullarini andishadan ozod qilg‘an bo‘lg‘aylar. Ushbu boloda mazkur mahzi samarayi sadoqat aqli qosirlari-miz xusuli natijasini biz qullarig‘a ushbu nomani qosidi qo‘lidin savob va xato, rad va ijobat, pisand va nopisand javobini irso qilsalar va yana o‘z fikri bosavoblarini izofa qilib, qusur va xatolarimizni tanbeh etsalar, biz navkari bejavhar va bosadoqati befarosatlarni dunyo-dunyo shodu xurram qilib, ul soyaboni marhamat va mehriboni boshafqatning xizmatlariga kamari xizmatni berk bog‘latqan bo‘lur edilar, huval-lohulmusta’in. Sadoqatingiz majlisiga jam’ bo‘lg‘uchi navkarlaringiz (imzolar)”. Bu noma ertasi kun xonga yuboriladirg‘an bo‘lib, bunga maxsus kishi belgulandi. Majlisning qo‘rqunchi Yusufbek hojidan bo‘lg‘an uchun unga soxta qarorni eshitdirmak to‘g‘risig‘a Muhammad Niyoz qushbegining o‘zi bevosita majlisdan chiqib ketdi. Shuning ila bu majlis tarqaldi. O'tkan kunlar — 42. Qorong'i kunlar Otabek Marg‘ilondan qaytib kelgandan keyin o‘n kunlar o‘tkazib usta Alimdan bir xat olg‘an edi. Usta Alim xatida qutidorg‘a uchrashqanini hamma mayda-chuydalarigacha yozib kelib aytar edi: «Siz xiyonatni payqag‘uncha qayin otangizg‘a qandog‘ kina saqlab kelgan bo‘lsangiz, ul ham sizga o‘shandog‘ kinalik ekan. Meni va oilamni tahqir etdi deb, bu haqoratni umr bo‘yi unuta olmasligini tushunib, o‘t ichida yurar ekan. Mendan haqiqati holni onglab juda shoshib qoldi, hatto hushi boshidan uchdi. Ichkaridan aniq ma’lumot bera olmasam ham, ammo ularning ham qayin otangiz holig‘a tushkanlarini mulohaza qildim. Qayin otangiz sizning o‘tkan holingizning og‘irligini tasavvur qilolmag‘anidek, dushmanlaringizga bergan javobingizni taqdir etish uchun ham so‘z topolmas edi. Har holda orangizdag‘i kinaning dushmaningiz bilan birga supirilg‘aniga shubha yo‘q”. Maktubning yana bir o‘rnida: «Sizning qayerda bo‘lg‘anlig‘ingizni so‘rag‘an edi, men bilganimni aytdim. Kelarmikin degan edi, bunga ham o‘zingizning o‘shal muhmal javobingizni berdim. Fikrimcha, qishda bo‘lmag‘anda ham, ko‘klamga chiqib o‘zlari Toshkand tusharlar, deb o‘ylayman”. Xatning oxirida: «Sizdan bir kun so‘ng Homid o‘ldi. Haytovur bir og‘iz so‘zsiz to‘ng‘iz qo‘pibdi. Men o‘lar chog‘ida ham sizga bir tuhmat to‘qirmi, deb qo‘rqqan edim. Qutidorg‘a hech bir jarima ortmabdirlar. Maqtul-larning egalari hech kimni tutib ko‘rsatolmag‘anlari uchun mahkamalar ham ishni tekshirmay qo‘ydilar. O‘ylashimcha, hech kim bilmaganda ham, sirni o‘lgan Sodiqning onasi bilsa kerak edi. Ammo uning ham dami ichida, so‘rag‘anlarg‘a xudodan ko‘rdim, deb javob berar emish. Bul xotinning qo‘lidan har bir ish keladir deb o‘ylab, o‘tkan kun qayin otangizg‘a aytdim: begona xotinni uyingizga yo‘latmasinlar va chetdan kelgan taomni yemasinlar deb. Har holda yomondan xazar lozimdir”, deb yozar edi. Bu xatdan keyin Marg‘ilondan tiq etkan xabar bo‘lmadi va oradan ikki oylab fursat o‘tib ketdi. Shuning uchun Otabekning kunlari quyosh botib chiqg‘an sayin bir onglashilmovchiliqg‘a, qorong‘uliqg‘a kira borib, har soat achchig‘ va yo chuchuklig‘i noma’lum bir hol kechirib boshladi. Ba’zi kezlarda ul umid quchog‘ida shoshib qolar edi va ikkinchi vaqtda yaramas — qora xayollar bilan entikar edi. Umidlangan kezlarda: — Oy tuynukdan tubanroqda, bu kun bo‘lmasa erta— chimmati qo‘lida, paranjisi ustida, sarig‘mi, qorami atlas ko‘ynagi egnida darbozadan kirib kelgandek va o‘pkalangandek... Ikkinchi bir vaqtda kimningdir quyidagi gapini eshitar edi: — Ul o‘zining dushmanlarini o‘ldirish uchungina Marg‘ilong‘a qatnab yurg‘an ekan, hisobini tugatdi-da, bedarak ketdi, qoldi. Tuzukroq joyi chiqsa berib qolayliq Kumushni... umri ham o‘tib boradir. Ana shu qora xayol uni chindan yonib turg‘an bir o‘t ichiga tashlar va shu choq o‘zini muvoxazaga boshlar edi: «Men nega ikki yil sarson bo‘lib yurdim-da, bu sarsonlig‘ning natijasiga borib chiqg‘anda shunday ahmoq-liqqa tushdim?” der va Marg‘ilon yo‘lini ko‘zlar edi. Ammo endi unga Marg‘ilon borish o‘naqayi sira kelmas: «Men nega keldimda, endi nega boraman va nima deb boraman? Qizingizni Toshkand olib tusharsiz deb ketkan edim... Siz olib tusha bermaganigizdan keyin o‘zim qaytib keldim deyaymi?” Otabek mana shunday chuchmal azoblar ichida keyingi kunlarini kechira boshladi. Oy to‘lmasdan Marg‘ilon qatnab turg‘uchi o‘g‘lini endi uch oylab qo‘zg‘almay qolishi uchun O‘zbek oyim eskicha yana quvonib ketdi. «Keyingi qildirg‘an issig‘-sovug‘im kor qildi shekillik, birato‘lasig‘a Marg‘ilonni tiliga olmayoq qo‘ydi. Endi xotinig‘a isib, mehmonxo-nada yotishni ham barham bersa... har nuchukda duodan qolmayliq”, deb Zaynabni domlanikiga qistar edi. Otabek keyingi vaqtlarda savdoga yurishni tark qilib qo‘yg‘ani uchun Hasanali ishsiz qolg‘an, uzun kun uyda bekor zerikkanlikdan hojiga aytib bir muncha dastmoya bilan guzardan baqqolliq do‘kon ochgan edi. Otabek ko‘pincha mehmonxonasidagi kutubxonadan uni-buni o‘qub o‘lturar, o‘qushdan zerikkan kezlarida Hasan-alining do‘koniga chiqar va guzardan ham zerikkandan keyin boshi og‘qan yoqlarg‘a, Salor bo‘ylarig‘acha ketar va gohi Chuqur qishloq tomonlarig‘a ham tushar edi. Ammo tushkani bilan burung‘icha ichmas, ikki-uch, ortib ketkanda to‘rt oyoq ila kifoyalanar, ko‘z o‘nglari oz-oz jimirlashkan, turlik xayollari bir muncha tarqalg‘an holda qaytar va lekin Hasanali ham uning bu kayfini juda siyrak seza olur edi. O‘tkan kun Chuqur qishloqqa tushkan edi. Asr vaqtlarida qaytib guzarga keldi-da, xayolat bilan Hasanali do‘koniga o‘lturdi. Otliq, yayov o‘tkinchilar to‘rt tomong‘a qatnab turardilar, uning bu kungi kayfi o‘tacharoq ketkan bo‘lsa kerak, ularni g‘ira-shira ko‘zga ilgandek qaraydir. Hasanali bir-ikki uni kuzatkandan keyin so‘radi: — Marg‘ilong‘a nega ketmay yuribsiz? Bu savoldan uning kayfi tarqalg‘andek bo‘lib, ko‘zlari moshdek ochildi. — Havsala yo‘q... — Qayin otangiz ko‘nsa, ko‘chingizni olib kelsangiz ham ma’qul edi qatnab yurg‘andan... — Qaydam... Ilgari shunday savol chog‘larida o‘zining yolg‘on javoblaridan juda xafalanar, Hasanaliga o‘tkan gaplarni birin-birin aytib bergusi va «manim uylanishimga sen sabab bo‘lg‘an eding, endi uni mendan ajratdilar”, deb undan o‘z dardiga davo istagusi kelar edi. Hozir o‘zidan xafalik, o‘ng‘aysizliq sezmagan bo‘lsa ham boshig‘a «o‘zim borolmasam-da, Hasanalini yuborishim va kezini topib o‘tkan gaplarni otag‘a hikoya qilishim kerak edi”, degan fikr keldi. Bora-bora bu fikr uning boshig‘a jiddiy o‘rinlashib oldi, shu to‘g‘rida chinlab o‘ylab ketib kayfi ham tarqalayozdi. Do‘konni yopib, Hasanali bilan birga ketdi — yo‘lda, mehmonxonada birga o‘lturib osh yedi, dasturxon ustida uning o‘ylag‘ani faqat shu bo‘lib qoldi. Biroq bu fikr qaror tusiga kirib keta olmadi, daqiqa sayin tarqalib borg‘an kayfidek turlik mone’larg‘a uchray boshladi: — Hali Marg‘ilonda ishlar qalayikin? Ular yana aynab qolmag‘anmikinlar? Marg‘ilondan bir narsa pay-qamay turib, kishini ovora qilishg‘a arzirmikin?.. Bu kun quyosh ochiq havoda kezishi uchun jim-jim tovlanib, yer yuziga kulib qaradi. Ikki kundan beri quyosh betini qoplab, turlik yerlarga jon suvi sepish ila charchag‘an bahor bulutlari burchak-burchakka tarqalib borar edilar. Uyalaridan chiqish bilanoq chumchuqlar chirqillashib, musichalar kukulashdilar. Anovi ar-ar te-rakka uya qo‘yishg‘a o‘ylag‘an bir juft karruklar ham vijir-vijir qilishib kengash ochdilar. Podachining tovshini eshitib, dalaga oshiqg‘an onasig‘a ergashib qashqa buzoq ham mag‘rab yubordi. Modasiga tegishkani uchun tomdagi kaptar ham bo‘qog‘ini chiqarib raqibining tevaragida yag‘rin bera boshladi... Qisqasi bu kun uyg‘onishdanoq butun koinotning yaxshi tush ko‘rib turg‘anlig‘i sezilar edi. Bahorning bu kungi sihirlik kuni Otabekni ham qitiqladi. Choyini naridan-beri tugatib, Hasanali ketidan guzarga chiqdi. Ul guzarga chiqg‘anda Hasanalining qo‘shnisi bo‘lg‘an Ali erinibkina do‘kon taxtasini tushirmakda edi. Otabekni ko‘rish bilan do‘kon ochishni to‘xtatdi: — Bu kun bo‘shmisiz, bek aka? — Bo‘shman. — Bo‘sh bo‘lsangiz, Ming o‘rukka — qimizga borar edik, — dedi Ali. — To‘la qozoq biyalarini yayloqqa solibdir. — Do‘koningiz-chi? Ali tushirgan taxtasini qaytadan joyig‘a qo‘yaberdi: — Dunyoning ishi bitar emishmi, bek aka. Xo‘b desangiz, do‘konni yopaman. Otabek yarqirab chiqib kelgan quyoshg‘a qaradi: — Yoping bo‘lmasa, — dedi. Otabek Hasanalining do‘koni vositasida Ali bilan yaqinda tanishqan edi. Ul ichi kirsiz, serkulki, ochiq-qina bir yigit bo‘lub, bek bilan go‘yo ko‘b yillardan beri bo‘lg‘an tanishlarcha muomala qilar edi. Bekga bu tasodif juda qulay keldi. Chunki uydan chiqishdanoq uning qasdi bu kunni dalada o‘tkizmak edi. Et oldilar-da, yayovlashib Ming o‘rukka ketdilar. «Ming o‘ruk» mavzi’i otidan ham ma’lum, bunda ming chog‘liq o‘ruk daraxti o‘sqan uchun bo‘lib, Shiblining suvidan boshlab to Salor arig‘ig‘acha qator-qator o‘ruklar edi. Salorning narigi yog‘i biydek qir, endigina ko‘m-ko‘k o‘t gilami unib chiqg‘an edi. Ming o‘rukning etagi bo‘lg‘an Salor bo‘yicha uch-to‘rtta qozoq o‘tovlari tikilgan edilar. Ikkisi Salor bo‘yig‘a yetib, To‘la qozoqning kelinchagiga etni sho‘rva qilish uchun berdilar. Ali o‘tovdan kiygiz olib, Salor bo‘yiga yozdi. Kelinchak yostiq, ko‘rpacha tashlab berdi, Otabek hordiq chiqarib yaslandi. Quyosh ozorsizg‘ina qizdirar edi. Yengilgina eskan shamol dimog‘qa turlik o‘lan islarini kelturib urar edi. Bir necha qaldirg‘och Salorning oqishi bo‘ylab uchar va uchkan ko‘yi «valfajri» o‘qur edilar. Poyonsiz qirning yuqori-quyi o‘rinlari yakrang ko‘kat va ko‘z ilg‘amaydirg‘an uzoqliqlari tumanlangansumon ko‘rinish berar edilar. Qushlar, qurtlar sayrashi tabiiy bir soz xizmatini o‘tab kishiga ifodasi qiyin bo‘lg‘an bir sezgi solar edilar. Otabek tabi’atning shu ko‘rkam va latif ko‘rinishiga maftun bo‘lib, bir oz yotqandan keyin «ul ham bo‘lsa edi”, deb o‘yladi va uzoq tin olib qo‘ydi. Bu kunning ko‘rkamligidan olg‘an taassurotini Ali ichiga sig‘dirolmadi: — Zap yaxshi kunmi! — dedi. Otabek ham shu go‘zallikni o‘ziga tatitmay turg‘an dardidan shikoyatlandi: — Shunday kunlarda kam-ko‘sting bo‘lmasa... — Sizning ham kam-ko‘stingiz bormi? — deb Ali kulimsiradi. — Yo‘q, deb o‘ylaysizmi? — Hammada bo‘lg‘anda ham, sizda yo‘q deb bilaman. — Masalan? — Masalanmi, — dedi kulib Ali, — sizning bilan otangizning obro‘si qushbegida ham yo‘q, davlat to‘g‘ri-sida bo‘lsa, ochiqarlik yerda emassiz... Ikkita to‘tidek xotiningiz bek akam uchun sochini tarab o‘lturadir... tag‘in qanaqa kamu ko‘st? Kishining baxtini yuzakigina ko‘rib hukm qilg‘uchi Ali unga qiziq ko‘rindi va kulib: — To‘g‘ri aytdingiz! — dedi. — Shukur qilish kerak, bek aka, — dedi Ali va o‘zi-ning baxtsizligidan, topqanini ro‘zg‘ordan ortdirolmay, shu kungacha uylanalmay kelishidan hasrat qilib ketdi. Otabek uning hasratini diqqat bilan eshitdi, hayotning zarbasi har kimning o‘z darajasiga qarab va lekin istisnosiz bo‘lg‘anlig‘ini tushundi. — Dunyoning ishi shunaqa ekan, mulla Ali, — deb uni yupatib qo‘ydi. Ikkisi ham bir necha vaqt jim qoldilar. — Marg‘ilonliq xotiningizdan bolangiz bordir? — Yo‘q... — Bo‘lsa ham turmadimi, uylanganingizga ancha yil bo‘lg‘an shekillik? — Turmadi. Ali Otabekning kami ko‘stini shu bolasizliqdan deb o‘ylag‘an edi: — Bolasizliq uchun xafa bo‘lish kerak emas, hali yoshsiz, bek aka! Otabek javob bermadi. Korsonda qimiz keldi. Bek bir-ikki zarangni ichkandan keyin, yamlanib ko‘kka qarab yotib oldi. Ali bor tovshini qo‘yib ashula qildi: Ko‘zlarim yo‘l ustida, kelmadi yor, Ushbu keng dunyo ko‘zimga bo‘ldi tor. Qay qaroqchi oldi yorimning yo‘lin, Mundagi baxtsiz yigit yo‘l uzra zor... — Qo‘shilishmaysizmi, bek aka? — O‘zingiz yaxshi aytasiz, to‘xtamang! Ali borliq ovozi ila hamma hunarini ishlatib, g‘azal tugalguncha ashulani aytib bordi. — Tuzikmi, bek aka? — Yaxshi ashulachi ekansiz! — Undog‘ bo‘lsa ustidan buni ichib yuboring, — dedi kulib, bir zarang qimiz uzatdi. Bek qimizni bir simirishda bo‘shatdi-da, entikib uzoq qirg‘a qaradi, uzoq qarab turdi-da, yuqoridag‘i baytni o‘qub og‘iz ichidan ming‘illadi. Ko‘zlarim yo‘l ustida, kelmadi yor, Qay qaroqchi to‘sdi yorimning yo‘lin... — Qo‘qong‘a ketkan sipohlardan darak eshitdingizmi, bek aka? Otabekning xayoli bo‘linib, Aliga qaradi: — Eshitmadim. — Manim akam ham ketkan edi... Oy borib, omon kelishsunlar-da! — Akangiz yigitmidi? — Yo‘q, mergan edi. Qo‘qon ketayotgan o‘rtoqlarig‘a qiziqib, borma deganga ko‘nmadi. Urush ehtimoli yo‘q-mi, shunchaki fotiha uchun ketishkandirlar-a? — Kim bilsin, — dedi bek va bir oz o‘ylab qolg‘an-dan keyin, — bo‘lmas, — deb qo‘ydi. Korsondagi qimiz tugab, sho‘rva ham ichildi. Dasturxonni yig‘quvchi kelinchakka o‘g‘ul tilab duo qilin-g‘andan keyin, qo‘lig‘a o‘ttuz chaqa surma puli berdilar va qirni aylanish, binafsha terish uchun turib ketdilar. O'tkan kunlar — 43. Qipchoqqa qirg'in Kechki soat to‘rtlarda Qoymas darbozasidan qaytib shaharga kirdilar-da, darbozadan o‘n adim narida boshi tanidan oling‘an uch kishining gavdasiga yo‘liqdilar. Otabek bu holga tushunmadi, chunki ahyonda osiladirg‘on gunohkor Eski namozgoh doriga elitilar edi. Shunga ko‘ra darbozabonni hujrasidan chaqirib so‘-radi: — Bular qanday gunohkorlar ekan? Darbozabon bekni tanib qo‘l qovishtirdi: — Taqsir, qipchoqlar. — Gunohlari nima ekan? Darbozabon yotgan gavdalarga qarab oldi va bekning yaqinig‘a keldi: — O‘zlari bilarlar-ku, taqsirimning... begimga aytkulugi yo‘q... — Gunohlari nima, axir? — Axir qipchoqlar-da, to‘ram. Otabek diqqatlandi: — Qipchoqlar ekanini bildim, ammo gunohlari nima deb sizdan so‘rayapman! Darbozabon qo‘l qovishtirg‘ancha Otabekka ajablanib qaradi: — Aniq xabarlari yo‘qmi taqsirimning? — deb yana so‘radi. — Yo‘q! — Voy-boyov taqsir, bu kun ertalabdan beri ko‘rin-gan qipchoqni so‘yib yurdilar-ku. Gunohlari surishtirilmadi, taqsir, — dedi va o‘luklarning yonig‘a yurib kelib izoh berdi, — manovisini uyidan olib chiqib so‘ydilar, manovisi manim yonimda turg‘an darbozabon edi — rahmatlik. Manovisini tanimayman va lekin o‘zi qipchoq bo‘lsa kerak. Otabek dahshatlanib yonidag‘i Aliga qaradi, Ali esa yotqan jonsiz gavdalarga qarab labini tishlab turar edi. — Kimlar o‘ldirdi? — deb Otabek dahshat ichida darbozabondan so‘radi. — Bu yerga kelguchilar yigirma chog‘liq edilar, o‘zimizning Toshkand yigitlaridan ham bor, qo‘qonliqlar ham ko‘rinadilar. O‘zlari ham qipchoqni qidiraberib hamma yoqni tozayam g‘alvir qilib yubordilar-da, taq-sir... Qo‘qonga ketkan beklardanmi, xondanmi, ishqilib, shunaqa buyruq kepti-da, taqsir... Bizlar xizmatkor odam — nimani bilaylik, to‘ram! Otabek masalaga tushungandek bo‘ldi va dahshat ichida Ali bilan yo‘lg‘a tushdi. O‘ttiz qadam bosmay tag‘in ikki o‘lukka uchradilar. O‘n adimda bir jonsiz gavda... Endi Ali so‘ramay chidamadi: Endi Ali so‘ramay chidamadi: — Nauzanbilloh, bu nima degan gap, bek aka?! — So‘ramang! — Yo‘g‘-a, — dedi Ali, — axir hammasi ham gunoh-kormikin? — Gunohkor!.. — deb zaharxanda qildi bek, — Musulmonqulni bilarsiz, albatta? — Nega bilmay, ikki oy ilgari qochig‘ini ham ko‘rdim... — Bilsangiz, — dedi bek, — bularning hammasi o‘shaning gunohiga o‘ldirilg‘an o‘xshaydir! — Shu ham gapmi, xudoyo tavba! Adim sayin bir o‘lukka uchrar edilar. Ali sanab kelar edi, guzarga yetkanda sanoq yetmishdan ortdi. Hali bu birgina to‘g‘ri ko‘chaning hisobi bo‘lib, keng Tosh-kandning o‘zga ko‘chalarini ham hisobga olg‘anda faji’ bir adad tashkil etishi ma’lum. Guzarning ichiga kirganda qator chizilg‘an qirq chog‘liq o‘luklarni ko‘rdilar... Kun asrdan og‘ib shomga yaqin, shuning uchun guzardagi do‘konlardan ochug‘i uchto‘ rtta, jumladan, Hasanali ham yarim ochiq do‘konni oldida o‘lturar edi. — Sog‘ keldingizmi, bek! Biz bu yerda yuz xil vasvasaga tushib tashvish tortdiq, — dedi Hasanali. Otabek boshqa xayolda edi. Hasanalining so‘zini go‘yo eshitmagandek so‘radi: — Bu kun dadam qayerda edi? — Sizdan keyin o‘rdaga ketkan edilar. Bir soatdan keyin shoshqannamo qaytib keldilar-da, sizni so‘radilar, shundan so‘ng qayoqqa ketkanlarini bilolmadim. — Qachondan boshlab qipchoqni so‘ydilar? — Otangizni kelishi bilanoq, — dedi Hasanali va entikib foji’ani hikoya qildi. — Ey... bek, rahmsizlik bunaqa bo‘lar ekan... Xudda qiyomat bo‘ldi! Bechoralar nima gunoh qildilarkin? Uyida halol kasbini qilib o‘turg‘anlarg‘acha tutib so‘ydilar... Ey bechoralar, qanday gunohlari bor ekan?! Yigitlar tutib kelturib turadilar, jallod bosh kesib boradir. Bu nogahoniy qazodan eslari chiqib ketkan bechoralar yig‘lashadilar... Ayniqsa bir bo‘yoqchi... xudda xum yonidan tutib kelganlar — qo‘li bo‘yoq... Ey xudo, men nima gunoh qildim, deb yig‘laydir... Chidab bo‘lmadi, do‘konini yopib qochdim, ko‘plar ham qochdilar... tag‘in bir... — Bas, — dedi Otabek. Hasanali hikoyadan to‘xtadi, chunki bekning yuragi ezilib oqish darajasiga yetib, Ali Ota bilan xayrlashmasdanoq qochqan edi... Uyga borib kechki oshni ham yemadi va otasig‘a ham uchrashmadi, go‘yo shu yirtqichlar dunyosidan yashi-ring‘andek oq kundayoq to‘shagiga yotib, ko‘rpasiga burkanib oldi. Uning bu holiga uy ichi tushunganlari uchun, nima qildi, deb so‘ramadilar va yonig‘a ham kelmadilar... Yusufbek hoji ertalab choyni Otabek bilan birga ichish uchun mehmonxonag‘a chiqdi. Otabek tersaygancha kelib choyg‘a o‘lturdi, otasiga salom bermadi. Chunki ul o‘z otasini qipchoq qirg‘inining bosh omilla-ridan deb qaror qo‘yg‘an edi. Choy yarimlay yozdi. Oradan churq etkan so‘z chiqmadi. Nihoyat, o‘g‘lig‘a yengillik berish niyatida hoji tilga keldi: — Xafa bo‘lma, o‘g‘lim. — Sizlarga o‘xshab, — dedi istehzolanib, — quvo-naymi? Hoji o‘g‘lining qandog‘ fikrda va nima uchun tersayganini bildi. — Yanglishasan, o‘g‘lim. — Rajabbeknikidagi majlisda, — dedi zaharxanda bilan, — bu yirtqichlarning rejachisi kim edi? Hoji entikdi va: — Rajabbeknikida bo‘lg‘an majlisni sen bilasanmi?..— deb so‘radi. — Bilaman. — Bilsang, — dedi hoji, — manim ustimga mundog‘ tuhmat orttirishdan uyal, bola! — Rajabbeknikida bu kengash bo‘lmag‘anmidi? — Bo‘lg‘an edi. — Bo‘lg‘an bo‘lsa, tag‘in nega o‘zingizni quruqqa olasiz? Yusufbek hoji boladan kulgandek qilib iljaydi. — Ba’zi yengil muhokamalaring onangnikidan qo-lishmaydir, Otabek! — dedi. — Majlisdan xabaring bo‘l-g‘an bo‘lsa, kim qaysi fikrda qolg‘anini ham bilarsan? — Yo‘q. — Majlisda nimadan bahs qiling‘anini-chi? — Majlisda nima muzokarasi bo‘lg‘anini ham bilmayman va lekin o‘sha majlis faqat qipchoqlarga qatli om uchun yig‘ilgan ekan, deb kecha ishondim. Majlisingiz a’zolarining sizdan boshqasi nega yigit to‘plab, Qo‘qong‘a ketdilar va ular Qo‘qong‘a yetmaslaridanoq nega bu vahshat boshlandi? — Bu muhokamang to‘g‘ri. Ammo otangni ham shu jonivorlar orasig‘a qo‘shib o‘ltirishing qisqalig‘ingdir,— dedi. Ko‘ziga yosh oldi. — O‘zing o‘ylab ko‘r o‘g‘lim, o‘z qo‘limiz bilan o‘zimiznikini kesishimizdan mamlakat uchun qanday foyda bor? Basharti men bu vahshatka ishtirok qilg‘an bo‘lsam, qaysi aql va qanday manfaatni kuzatib qo‘shilishqan bo‘laman? Agarda manim yurt so‘ramoqqa va shu vosita bilan boylik orttirmoqqa orzum bo‘lsa, boshqalardan ham ko‘ra o‘z o‘g‘limg‘a — senga ma’lum bo‘lmasmidi? Nega har bir narsaga yetkan aqling shunga qolg‘anda oqsaydir. Nega yong‘an yurakimga yana sen ham zahar sochasan?! Titralib va to‘lqinlanib aytilgan bu so‘zlar Otabekni o‘kintirdi, o‘lganning ustiga chiqib tepish qabilidan bo‘lg‘an o‘z hujumining haqsiz ekaniga tushundi. Yusufbek hoji bitta-bitta yotig‘i bilan majlis haqida bayon qilib, o‘zining qarshi tushkanini va ularga uqdira olmag‘andan keyin, majlisni tashlab chiqib ketkanini so‘zlab kelib dedi: — Biror soatlar so‘ng orqamdan Niyoz qushbegi kelib mendan afu so‘radi va majlisning u fikrdan qaytqanini, o‘zlarining xatog‘a ketkanlarini aytdi. Men xursand bo‘lib, bu ishning zararini yana isbot qilib chiqdim. Niyoz men bilan xayrlashar chog‘ida: «Jon hoji aka, endi gap shu yerda qolsin, bitta-yarimta eshitgudek bo‘lsa, biz yerga qararliq bo‘lmayliq, o‘lturishning katta iltimosi sizdan shul”, dedi. Men bu iblisona aldovga uchib, bu to‘g‘rida na senga va na Normuhammad qushbegiga og‘iz ochmadim va ularning Qo‘qong‘a fotiha uchun qo‘zg‘alishlaridan hech bir shubhalanmadim... Eh, shaytonlar! Hoji bir oz to‘xtab davom etdi: — Kecha ertalab o‘rdaga borg‘an edim. Sahn yuzida uch-to‘rt yuz musallah yigitlarni biravini kutkan holda ko‘rdim va iltifotsiz qushbegi mahkamasiga kirdim. Kirsam, Qo‘qong‘a ketkan Qayum ponsad uch-to‘rtta yigiti bilan qushbegining qarshisida turibdir. Qushbegi qo‘lida bir qog‘oz ushlab, go‘yo es-hushidan ayrilgan kabi qotib o‘ltiribdir. Meni eshikdan ko‘rib, so‘zsiz-nesiz qo‘lidag‘i qog‘ozni menga cho‘zdi va boshini tebratib qo‘ydi. Men bir narsaga ham tushunmagan holda borib qog‘ozni oldim... O‘qudimo‘ qudimda, manim hushim boshimdan uchib, qushbegi holiga tushdim. Bu qog‘oz xonning yorlig‘i edi va bunda taxminan shunday gaplar bor edi: «Biz Turkiston mamlakatining xoni o‘z qalamravimiz va saltanatimiz uchun qipchoq toifasini muzir deb bildik. Bu yanglig‘ hukmimizni o‘z qalamravimizda bo‘lg‘an barcha beklarimizga, hokim va qo‘rboshi va dahboshilari-mizga bildirib buyuramizkim, ushbu farmonimizni olg‘an on darhol o‘n besh yoshdan to yetmish yoshg‘acha bo‘lg‘an qipchoq er zotini qilichdan kechirgaylar va hech bir silai rahmni vosita qilmag‘aylar. Ushbu hukmimizni yeriga yetkuzishda sustlik qilg‘an mansabdor bizg‘a itoatdan bosh tortqan hisoblanib, eng qattig‘ jazoimizg‘a mahkum qili-nur. Bu hukmimizni ijro etkuchi Toshkand hokimi Nor-muhammad qushbegiga marhamati shohonamiz shuldurkim, garchi sizning qipchoq qavmig‘a mansubiyatingiz bo‘lsa ham, Musulmonqulni haydashda bizga unutilmasliq xayrixohliqlar va xizmatlar ko‘rsatdingiz, binoan alayhi siz bu jazodan ma’fudirsiz va sadoqatingizda boqiy qolib amrimizni ijro etishingizda shubha qilmaymiz!» Qushbegiga qaradim, ul ham manim og‘zimg‘a qarab turar edi. «Buyruqni qachon oldingiz?» deb so‘radim. Ul javob o‘rniga Qayum ponsadga imladi. «— Men olib keldim», — dedi Qayum ponsad. «— Siz Qo‘qondan olib keldingizmi?» — deb so‘-radim. Chunki sen aytkandek besholti kunda Qo‘qong‘a borib-kelish sira aqlg‘a sig‘mas edi. «— Biz beklar bilan Qo‘qon yo‘lida edik, — dedi Qayum, — yo‘l ustida xondan ushbu yorliq kelib qoldi. Niyoz qushbegi menga yigit qo‘shib bu hukmnomani ijro qilishda yordam bermak uchun jo‘natdi». Bu so‘z menga hamma shaytanatni ochib berdi va o‘zimning iblislar tomonidan aldang‘animni bildim: «— Ertadan boshlab hukmni ijro qilsaq qalay bo‘larkan?» — deb qushbegiga qaradim. «— Men ham shuni o‘ylab turib edim...» — dedi qushbegi va Qayumga qaradi. Qayumning ustodlari ishni keyinga siltashimizni ilgaridan ko‘rib qo‘yg‘an ekanlar: «— Ertaga qo‘yib bo‘lmas!» — dedi Qayum. «— Nega?», — dedim. «— Negaki ertagacha qipchoqlar qochib bitadirlar». Men Qayumning so‘ziga quloq solmadim-da, qushbegidan ertaning kengashini so‘rag‘an bo‘ldim. Bu holdan achchig‘lang‘an Qayum yonimg‘a kelib o‘lturdi. «— Ovora bo‘lmangiz, hoji aka», — dedi. Uning bu harakatidan achchig‘im qistadi: «— Sizning bilan manim bu ishka aralashmoqqa haqqimiz yo‘q!» — dedim. «— Sizniki bo‘lmasa to‘g‘ri, ammo meniki bor!» — dedi Qayum. «— Buyruq kimning otig‘a?» — dedim. «— Qushbegining!» «— Bas, siz bilan men faqat u yordam so‘-rag‘andag‘ina ketman ko‘taramiz, boshqa daxlimiz yo‘q!» — dedim. Qayum zaharxanda bilan yonini kavlab ikkinchi bir buyruq chiqardi va menga berib: «O‘qungiz!” — dedi. O‘qudim. «— Bas, birinchi buyruqni siz olg‘an ekansiz, nega yana qushbegidan fotiha kutib o‘lturibsiz?!» — dedim o‘t ichida. «—Har narsa bo‘lg‘anda ham ulug‘imiz, deb siylab turg‘an edim...» — dedi Qayum. «— Egasini siylagan itiga suyak tashlar, qilmoqchi-siz-da, barakalla!» — dedim. «— Boringiz, ustodlaringizning vasiyatini bajaringiz!» «— Xafa bo‘lmangiz, hoji aka!» — dedi Qayum va qo‘limdan qog‘ozni olib qushbegidan so‘radi: «— Nima deysiz endi, bek?» «— Manim kengashimga kirsangiz, ertadan boshlayliq!» — dedi qushbegi, «— Sira iloj yo‘q, qushbegi! Chunki barcha shahar va kuylarga ham faqat shu — bu kunga, deb buyurg‘an ekan!»— dedi Qayum. Qushbegi bilan men go‘yo tog‘ ostida bosiriq bo‘lg‘an edik. Boshimizg‘a hech bir gap kelmas edi. Qayum o‘rnidan turg‘an holda qushbegidan javob kutar edi. Qushbegi ko‘b fursat qotib o‘lturg‘andan keyin, Qayumga qo‘li bilan chiqishg‘a ishorat qilib: «— Bilganingizni qilaberingiz», — dedi. Qayum yonidag‘i yi-gitlari bilan mahkamadan chiqdi. Uning chiqishi bilan qushbegiga dedim: «— Endi nima qilamiz?» «— Nima qilar edik?» «— Axir qarab qolaberamizmi, vaqt tang! Qarshig‘a biz ham yigit chiqarayliq!» «— Qo‘yaberingiz, hoji!» «— Bechora gunohsizlar kesilabersinlarmi?!» «— Kesilabersinlar!» — dedi qushbegi. Men iztirob ichida unga tushunolmay qolg‘an edim. Ul yig‘i ichida tilga keldi: «— Mamlakatning tinchlig‘i qipchoqlarni kesish bilan hosil bo‘lsa, mayli, kessinlar! Yurtning obodlig‘i gunohsiz qipchoqning qizil qonig‘a qolg‘an bo‘lsa mayli, o‘ldirsinlar! Agarda najotimiz qipchoq tuxumini quritishda bo‘l-sa— meni ham ossinlar! Bu palidlarning marhamatiga men ham muhtoj emasman!» Hozir inodning o‘rni emasligini harchand uqdir-moqchi bo‘ldim, ko‘nmadi. Noiloj, yolg‘iz o‘zim chiqib qo‘limdan kelgancha qipchoqlarni qochirishga harakat qildim, tevarakka kishilar yo‘lladim. Ammo to‘rt yuz jallodning qarshisig‘a chiqg‘an bir kishining uhdasi albatta bir kishicha edi. Muttahamlar ko‘b bechoraning yostig‘ini quritishg‘a muvaffaq bo‘ldilar, — dedi hoji.— Mana, Otabek, haqiqat shul, kishi tushunmasdan turib biravga tuhmat to‘qimaydir. Otabek o‘zining o‘rinsiz gapidan uyalg‘annamo yerga qaradi va bir muncha vaqt fikrga ketib o‘lturg‘andan so‘ng so‘radi: — Yirtqichlarning bu qirg‘indan qanday muddaolari hosil bo‘larkin? — Maqsadlari juda ochiq, — dedi hoji, — bittasi mingboshi bo‘lmoqchi, ikkinchisi Normuhammad o‘rnig‘a minmakchi, uchinchisi yana bir shaharni o‘ziga qaram qilmoqchi. Xon ersa Musulmonqulg‘a bo‘lg‘an adovatini qipchoqni qirib alamdan chiqmoqchi. Menga qolsa o‘rtada shundan boshqa hech gap yo‘q, o‘g‘lim. — dedi va bir oz to‘xtab davom etdi: — Men ko‘b umrimni shu yurtning tinchlig‘i va fuqaroning osoyishi uchun sarf qilib, o‘zimga azobdan boshqa hech bir qanoat hosil qilolmadim. Ittifoqni ne el ekanini bilmagan, yolg‘iz o‘z manfaati shaxsiyasi yo‘lida bir-birini yeb, ichkan man-sabparast, dunyoparast va shuhratparast muttahamlar Turkiston tuprog‘idan yo‘qolmay turib, bizning odam bo‘lishimizg‘a aqlim yetmay qoldi. Biz shu holda ketadirgan, birbirimizning tegimizga suv quyadirg‘an bo‘lsaq yaqindirki, o‘rus istibdodi o‘zining iflos oyog‘i bilan Turkistonimizni bulg‘atar va biz bo‘lsaq o‘z qo‘limiz bilan kelgusi naslimizning bo‘ynig‘a o‘rus bo‘yindirig‘ini kiydirgan bo‘larmiz. O‘z naslini o‘z qo‘li bilan kofir qo‘lig‘a tutqin qilib topshirquchi — biz ko‘r va aqlsiz otalarg‘a xudoning la’nati albatta tushar, o‘g‘lim! Bobolarning muqaddas gavdasi madfun Turkistonimizni to‘ng‘uzxona qilishig‘a hozirlang‘an biz itlar yaratguchining qahriga albatta yo‘liqarmiz! Temur Ko‘ragon kabi dohiylarning, Mirzo Bobur kabi fotihlarning, Forobiy, Ulug‘bek va Ali Sino kabi olimlarning o‘sib-ungan va nash’u namo qilg‘anlari bir o‘lkani halokat chuqurig‘a qarab sudrag‘uchi albatta tangrining qahrig‘a sazovordir, o‘g‘lim! Gunohsiz bechoralarni bo‘g‘izlab, bolalar yatimxonalarini vayron qilg‘uchi zolimlar — qurtlar va qushlar, yerdan o‘sib chiqg‘an gi-yohlar qarg‘ishig‘a nishonadir, o‘g‘lim!.. O'tkan kunlar — 44. Oy etak bilan yopilmas Choy tugalgan edi. Otabek fotiha o‘qub, o‘rnidan qo‘zg‘almoqchi bo‘ldi. — Turma! Yusufbek hoji tarafidan berilgan amirona buyrug‘ Otabekni qaytadan o‘lturib qolishga majbur etdi va otasig‘a «nima xizmatingiz bor?” degandek qilib qaradi. Yusufbek hoji bir so‘z demasdan sallasini olib tizzasiga qo‘ydi, bosh qashinishib yana sallasini kiydi. Dadasining salla olib bosh qashinishi keyinidan ko‘pincha o‘zini bir tergov ostida ko‘rar edi. Shuning uchun yana bir martaba dadasiga qarab qo‘ydi. Chini bilan ham hojining tusidagi boyag‘i hasrat va qayg‘u alomatlari yo‘qolib, ularning joyini sharq otalig‘i vaziyati oldi. — Marg‘ilonda nima ishlar qilding? Kutilmagan bu savolga Otabek nima deb aytishini bilmay qoldi. Javob o‘rnig‘a xavfli tomong‘a qaradi. — Sendan so‘rayapman, Otabek. — Sizga xabar berguvchi nima ishlar qilg‘animni ham aytkandir... — Jo‘n odamlar qatorida odam o‘ldirib yurdim, degin? Otabekning yuzida kulimsirash bilindi. — Jo‘n odamlar qatorida emas, — dedi, — majburlar qatorida, zo‘rlanganlar qatorida... Hoji o‘g‘lining kinoyasiga tushunmadi: — Odam o‘ldirish uchun seni kim zo‘rlab majbur qildi? — Hali bilmaysizmi? — Bilmayman, — dedi hoji, — aytishlariga qara-g‘anda seni hech kim majbur qilmag‘an. — Meni zo‘rlag‘an va majbur qilg‘an edilar, dada, — dedi zaharxanda bilan. — Yo‘qsa, sizning o‘g‘lingiz bo‘lg‘an bir yigitning sha’niga albatta odam o‘ldirish uyat va nomusdir. — Kim seni majbur qildi, axir? — Siz, onam! — Esing o‘zingdami, yigit? — O‘zimda, — dedi o‘g‘ul, — siz o‘zingizning orzu-havasingiz yo‘lida meni majbur qildingiz va dushmanlarimga yo‘lni katta qilib ochib berdingiz, men bu jonivorliqni xohnoxoh ishlashka majbur qoldim. — Shundog‘mi, — dedi hoji o‘z gunohi o‘kuliga tushkan holda, — undog‘ bo‘lsa, bizni kechir, o‘g‘lim. — Sizni gunohkor qilishga va gunohingizni kechishka manim haqqim yo‘q, dada. Lekin gunohsiz bo‘laturib, ham yana muvahaza ostig‘a tushkanim uchun o‘zimni mudofaa qilishga majburman... Hoji labini tishlab, boshini chayqadi. — Xom sut emgan bandamiz, — dedi, — xayr, bu aybniku bizning bo‘ynimizg‘a qo‘yasan, darhaqiqat qo‘-yishga haqqing ham bordir... Ammo oralaringg‘a yomonlar oralag‘an ekan, shuncha muddatdan beri nega meni xabardor qilmading? Yoki bunda ham birav seni indamaslikka majbur qildimi? — Hech kim majbur qilmadi, — dedi, — ammo meni shu vartaga tashlag‘an do‘stlarimdan... ko‘mak so‘rash ham ma’qul ko‘rinmadi... Hoji boshini quyi soldi. O‘g‘lining keyingi so‘zi unga juda ta’sir qilg‘an edi... Nima qilsinki, Otabek to‘g‘ri gapni aytar edi...— Biz seni Toshkanddan o‘ylantirsak-da, — dedi nihoyat hoji, — katta xotiningdan ajratish fikrida emas edik. Agar sen shu xayol bilan bizdan si-ringni yashirib kelgan bo‘lsang, katta ahmoqliq qilibsan, bolam. Otabek dadasining bu keyingi so‘ziga qarshi hech narsa demadi, go‘yo hamma alamini yuqoridag‘i ikki jumla bilan chiqarib yuborgandek jimgina somi’lik darajasiga tushdi. Ammo natijani tezroq eshitib olish uchun uning yuragi qaynag‘an oshdek shopirilar edi. Hoji davom etdi: — Kishining boshig‘a bir ish tushkanda, darrov biravdan kengash va yordam so‘raydir. Hatto ota-onasidan ham sir saqlag‘an bir yigitni o‘z o‘g‘lum bo‘lib chiqg‘ani menga qiziq ko‘rinadir. Qayin otang menga bir xat yozibdir, o‘qub-o‘qub mazmuniga tushunolmay hayron bo‘laman. Oy sayin Marg‘ilon borib turar edi-ku, deb o‘ylayman. Xatni ikki-uch qayta o‘qib chiqg‘andan keyin, bilsam haqiqat shu emish... Mirzakarimning yozg‘anig‘a qarag‘anda bir muncha yanglishiq undan ham o‘tkan ko‘rinadir va lekin sening bolalig‘ing oldida uniki holvadir... Yaxshiki, bu aqlsizlig‘ing boshqalarning boshiga ko‘ringan... O‘zing ayt, agar menga shu kasa-lingni bir og‘iz bildirsang, men qayin otangg‘a xat yozmasmi edim, Hasanalini yuborib haqiqatni ochmasmidim va bu taqdirda odam o‘ldirib yurishlarga qanday hojat qolar edi? Otabekning boshig‘a bu gaplarning bir harfi bo‘lsin o‘rnashmas va o‘zi kutkan natijaga borib yetish uchun-gina qiynalar edi. — Shunchalik ishlarni qilib, nega oxirda qayin otangg‘a yo‘liqmay kelding? — Shunga majbur edim. — Marg‘ilong‘a endi qachon borasan? Otabek o‘ylanib qoldi. Chunki bu «qachon borish» masalasini yaxshilab yeshmak kerak edi va uni yeshmak ham qiyin edi, uzoq o‘ylang‘andan keyin: — Ma’lum emas, — dedi. Garchi bekning yuragi hozir bo‘lsa ham Marg‘ilong‘a qarab uchishka tayyor edi. Biroq uning yuragidan ham kuchlik bo‘lg‘an yana bir narsa bu «borish» masalasini chuvaltirib «ma’lum emas» bir holga qo‘yg‘an edi. — Qayin otang kelin bolani olib shu hafta ichi yo‘lg‘a chiqmoqchi ekan, — dedi hoji, — tarixiga qarag‘anda xatning yozilg‘anig‘a o‘n kunlab bor, ehtimolki, erta-indin kelib qolsalar, to‘rdagi uyni bo‘shatdirib, polos yozish kerak edi... Ul bu gapni eshitar ekan borliq, yo‘qliq — ish qilib allaqandog‘ qiziq bir holat kechirdi. Issig‘ bir narsa badaniga tegib ketgandek hurkinib qo‘ydi va «nihoyat, endimi?” degandek qilib entikdi. Ko‘z o‘ngidan birav-ning surati o‘tib sarxushlandi va til bilan onglatib bo‘lmasliq bir sog‘inish chidamsizligi ichida bu ivir-jivir holatdan gangib ko‘z ochdi. Ko‘z ochdi, biroq o‘ziga «nima deysan?” deb qarab turg‘uchi otasig‘a muvofiq javob berishni bilmadi. Yusufbek hoji esa o‘g‘lining bu sustlikka o‘xshab ko‘ringan holini yomong‘a yo‘ydi. Marg‘ilon degan shahardagi katta o‘zini kichik olib qizi ila kelayotgan Mirzakarim akaga o‘g‘lining xo‘rliq keltirishidan cho‘chidi. Shunga binoan Otabekni epaqag‘a olish uchun unga kulki tuyulgan bir qancha nasihatlarni chizdi: — O‘g‘lim, — dedi, — siylag‘anni siylash kerak, endi senga qadrsizlang‘an bo‘lsalar, ammo bizning qoshimizda ularning qadr-qiymatlari yuqori, qutidor bo‘lsa ko‘z ochib ko‘rgan qudamiz, xotining bo‘lsa bosh kelinimiz. Agar sen meni otam deydirgan bo‘lsang, shularning ko‘nglini olmoqqa tirish. Qayin otangdan meni quvladi, deb ko‘ngling olinmasin, chunki u bechora ham bir shaytonning vasvasasi bilan bu xatoga tushkan. Har holda hurmatlarini bajo keltir, Marg‘ilon degan shahardan sening yuzingni, deb keladirlar. Otasining bu so‘zlari go‘yo uning istiqboli uchun yaxshi ta’minotlar berar, go‘yo majburiyat ostida ota nasihatini quloqqa oladirg‘andek bo‘yin egib o‘lturar edi. — Agar ularning kelish kunlarini aniq bilsak, — dedi hoji, — sen yo‘ldan qarshilab kirar eding. Otabek javob bermadi. — Har holda o‘ttasi kun mo‘ljal, sen chiqmasang ham Hasanali chiqsin yo‘lg‘a. — Mayli chiqsin, — dedi Otabek. O'tkan kunlar — 45. Maktub Hoji shundan keyin o‘g‘lidan bir daraja qanoatlandi va choyga fotiha o‘qub, o‘rnidan turar chog‘ida yonidan bir xat chiqarib uzatdi: — Xatning ichidan chiqdi. Kelindan — senga bo‘lsa kerak, — dedi. Otabek maktubni olib otasining ketishini kutib qoldi. Xat sakkiz buklanib, qizil ipak bilan bir-ikki yeridan chatilg‘an va Otabekka atalg‘an edi. Otasining uzoq-lashishini kutar ekan, yuragi yomonlag‘an otdek tipirchilar edi. Tikilgan ipaklarni so‘kdi va maktubni ochib och ko‘zini ishka qo‘ydi: «Yusuf savdosida beqaror Zulayho ismidan, Majnun ishqida yig‘lag‘an Layli otidan — sizga boshimdag‘i sochlarimning tuklaricha behad salom. — Mendan — haddu-hisobsiz gunoh, sizdan — kechirish. O‘tkan ishga salavot. Chunki shu ikki yil ichida kechirgan qora kunlarni eska olish manim uchun o‘sha kunlarni qaytadan boshdan kechirishlik singari, ul kunlarni siz unuting, unutmang, ammo men unutdim. Shuning uchun so‘zimni o‘zimni oxirg‘i, ham chin baxt islari hidlagan tariximdan boshlayman. Siz — qochoqsiz, nari-beri til uchida menga bir narsa yozg‘andek bo‘lib qochqansiz, ikki yil bo‘ldi Marg‘ilon kelib yurishlaringizni men o‘zimcha yeshdim, lekin topib yeshdim: sizning barcha mashaqqatlaringiz — dushmanlaringizdan o‘ch olish uchun bo‘lg‘anini ongladim. Yo‘qsa, meni ko‘rar edingiz, ko‘rgingiz kelmaganda ham boshqalar sizni ko‘rar edilar, to‘yar edilar... Men kabi baxtsiz, men kabi g‘ovg‘asi ko‘b sizni zeriktirib, jondan to‘ydirg‘an bo‘lsa ajab emaski, qocha boshlag‘ansiz... Qochsangiz qochib ko‘ringiz, ammo men bu kundan boshlab biravlarni quvishqa bel bog‘ladim: otam bilan onam rafoqatlarida xizmatingizg‘a — cho‘riliqingizg‘a erta-indin yuraman, suyganingiz kundoshim oldida qadru-qiymatimning nima bo‘lishini ham bilaman... Siz olijanobsiz: eski qadrdonliq hurmatiga ko‘ngil uchun kulib boqarsiz... Loaqal shugina bilan ham baxtsizni mas’uda qilarsiz. Ammo... suyganingiz — kenjangizning jerkishlaridan, qarg‘inishlaridan behad qo‘rqaman, o‘zimda yo‘q qo‘rqaman. Shu yaqin oradag‘i uning bilan bo‘ladirg‘an mas’ud daqiqalaringizda xudo yo‘lig‘a va’da olingiz — meni og‘ritmasin, raqibam keldi deb o‘ylamasin. Nihoyati maqsadim ikki do‘stka bir cho‘rilik va shu munosabat bilan biravlarini ko‘rib yurish... Xatim oxirinda shuni ham aytib qo‘yay: o‘ch qaytib, men ham ko‘chadan haydalmasam edi, degan xavf hamisha ko‘nglimda. Agar xudo yarlaqab eshikingizda o‘rinlashib olsam, uyog‘ini o‘zim bilar edim... Erta-indin ko‘zimga yo‘l ko‘rinur, Yo‘l bosishliq ko‘ngilga bir umr ko‘rinur... 3-inchi hamal, Marg‘ilon, Kumushingiz yozdi». Otabekning suyunchi ichiga sig‘masliq, o‘zini yo‘qo-tib qo‘yg‘an holda iljayar edi. Xatni ikkinchi qayta o‘qub chiqib yana so‘yina boshlag‘an edi, kechagi manzaralar unga ko‘rinish bergandek bo‘ldilar. Ul seskandi, ko‘z o‘ngidan kechagi mazlum gavdalar birma-bir o‘tib, ul oshig‘ich ravishda xatni bukladi va ulardan yashirg‘andek cho‘nchagiga tiqdi, irg‘ib o‘rnidan turib ketdi... Ko‘chani bir aylanib kelgandan so‘ng, boyag‘i manzaralardan bir oz qutilg‘andek bo‘lib yana maktub esiga tushdi. Mehmonxonaning darichasiga qiya turg‘an holda xatni yana o‘qub chiqdi. Lekin bu gal ham xat boyag‘idek so‘yinch emas, kechagi mazlumlarga ta’ziya tutqandek og‘ir ma’no berdi: «Ammo... suyganingiz — jekirishlaridan, qarg‘inishlaridan behad qo‘rqaman...» Boya nima uchun so‘yinganiga o‘z-o‘zidan hayron bo‘la boshladi. Chindan ham maktubning muncha ko‘chirilgan jumlasi, o‘ylab qarag‘anda, hech qanday quvonchg‘a yo‘l qo‘ymasliq darajada qora ma’nolik edi. Bu jumla kelasidagi onglashilib bitmagan, lekin bo‘lishi aniqg‘a o‘xshag‘an yaramas va tinchsiz bir hayotning go‘yo muqaddimasi edi... Otabek Kumush aytkandek kundash, ya’ni Zaynabdan uncha qo‘rqmasa ham, ammo dardning eng davosizi bo‘lg‘an onasi to‘g‘risida yuragi titradi. Umrining eng qiymatlik kunlarini og‘ulag‘an, ikki yil bo‘yi davosiz dardga mubtalo qilg‘an, yaramas va ishonchsiz yo‘llarda sanqishig‘a sabab bo‘lg‘an o‘z onasi emasmidi? Va raqiblarga, dushmanlarga yo‘l ochib bergan shu onaning orzusi emasmidi? Butun shaharni alg‘oq-dalg‘oq qilib ko‘hliq qiz qidirg‘an, nihoyat chiroylilikda tanho, aqllilikda yakto topib, to‘ylar, tomoshalar, orzu va havaslar bilan o‘g‘lig‘a «xotin bu bo‘libdir!» degan iftixor va mag‘ru-riyat ila taqdim qilg‘an suyukli kelini ustiga go‘yo o‘chakishkandek bo‘lib keladigan Marg‘ilon parisiga nima va qanday muomala qilar edi. Kumush kundashning jekirishidangina cho‘chig‘an bo‘lsa, Otabek bu cho‘chishni o‘zining ko‘lagasida qol-diraturg‘on onasi to‘g‘risida tamom aqlini yo‘qotib qo‘ydi. O'tkan kunlar — 46. O'zbek oyim - og'ma Zaynabning dardi Yusufbek hoji chala-dumbul tabiatlik xotinining fe’li xo‘yini yaxshi bilgani uchun o‘tkan voqi’larni, ya’ni Otabek sirlarini unga ochmasliqqa qaror bergan bo‘lsa ham, ammo marg‘ilonliq kelin va qudalarning kelishla-ridan xabar berishni lozim deb topdi. Chunki xotinining marg‘ilonliq kelinga bo‘lg‘an adovatini Otabekdan ham yaxshiroq bilar va uning «O‘g‘lingiz Marg‘ilondan uylanmadi, bir balodan uylandi!» deb qiladirg‘an shikoyatla-rini hamma vaqt eshitar, doimo issig‘-sovuqchi domla, xo‘jalarnikida bosh og‘ritib yurishini ham bilar edi. Shuning uchun o‘z tarafidan O‘zbek oyim tushkurni yaxshilab ebka olmoq, yuz qizaradirg‘an ishlarga qarshi choralarni ko‘rmak fikriga tushdi. Cholu kampirning har bir o‘lturishlarida so‘z O‘zbek oyim tomonidan boshlandimi, albatta noqobil o‘g‘ul bilan marg‘ilonliq «andi» kelin ustida bo‘lar va uning uchun eng ahamiyatlik masala faqatgina shugina bo‘lib ko‘rinar edi. Boshqa kezlarda kampirning bu to‘g‘ridag‘i dod-hasratini kulgulik bilan va kam havsalalilik bilan eshitsa ham, ammo bu gal O‘zbek oyimning o‘sha eski ashulasini ortiqcha bir to‘zimsizlik orasida kutar edi. Kampirning dardi g‘o‘zada, sichqonning ko‘zi donlik ko‘zada, deganlaridek, bizning O‘zbek oyimizning ham dardi bo‘zada edi. So‘z urindi, so‘zdan — so‘z chiqdi, nihoyat hojining kutkanidek o‘g‘ul hasrati ham boshlandi: — Ahmoqingiz bir oz esini yig‘qan ko‘rinadir, — dedi O‘zbek oyim, — haytovur uch oydan beri Marg‘i-lonni esidan chiqarib qo‘ydi. Hoji kuldi: — Issiq-sovug‘ing kor qilg‘andir... — Bilmadim... Har nechuk suv quyg‘andek bo‘ldi, qoldi. Ilohim em tushkan bo‘lsin... — Ilohi em tushsin, — deb kuldi hoji. O‘zbek oyim erining istehzosiga tushunib qoldi va labi-labiga tegmay bobillay ketdi: — Nega kulasiz? — deb depsindi, — bu kungacha kulib-ku, o‘g‘lingizdan ajrala yozdingiz. Endi nega siz ham... xudoyo tavba qildim... — Zo‘ri behuda miyon shikanad. — Ilohi tojikingiz qursin! — dedi O‘zbek oyim, — men to‘g‘risini aytsam, bu gaplarning hammasiga siz sabab bo‘lmoqdasiz, er. Yakkash kulish, yakkash kulgi! Undan ko‘ra o‘g‘ul-qiz o‘sdirishg‘a uquvim yo‘q, deb ayting! Hoji tag‘in kuldi: — Ha, uquvim yo‘q, oyimcha! — Kuling-e, kuling! Xudo o‘lim bersin kulguga! — dedi O‘zbek oyim va achchig‘i bilan yuzini chetka o‘girdi. — Menga qara, xotin, — dedi hoji jiddiy tusda. O‘zbek oyim qaradi. — O‘rinsiz chiransang, beling sinadir, deydi tojiklar. Shunga o‘xshash o‘zing joysiz chiranganingdek, meni ham o‘z yoningg‘a tortmoqchi bo‘-lasan. — Bo‘lmasa manim barcha harakatlarim o‘rinsiz ekan-da? — O‘rinsiz. — Nega o‘rinsiz bo‘lar ekan? — Sening muddaong, — dedi hoji, — marg‘ilonliq kelinni o‘g‘lingdan ajratib yuborish va bu kelining bilan qoldirish — shundog‘mi? — Albatta shundog‘! — Mana bu harakatingni o‘rinsiz chiranish, deydilar. Nega desang, bilfarz o‘g‘lingni oldingg‘a olsangda, undan so‘rasang «qaysi xotining bilan bo‘lishni xohlaysan? Xohlamag‘aningni qo‘y», deb. Ana shu vaqtda o‘g‘ling nima der edi? Nima deyishini o‘zing ham yaxshi bilsang kerak, xotin! — Bilaman, — dedi O‘zbek oyim, — marg‘ilonliq-ning domlasi kuchlik. O‘g‘lim bechoraning boshini aylantirib, ko‘nglini xippa o‘ziga bog‘lag‘an. Yusufbek hoji o‘zini kulgidan yana to‘xtata olmadi: — Yaxshi, — dedi, — sen ham-ku uch yildan beri Toshkanddagi hamma domlaxo‘jalarning eshigiga birma-bir kirib-chiqding. Bas, sen ham nega o‘g‘lingning ko‘nglini Zaynabka xippa qilib bog‘lay olmading? O‘zbek oyim erining bu savolidan hayron bo‘lib turmadi: — Marg‘ilonlikning domlasi sihirchi hindi edi. Men bo‘lsam, bu yerdan hindi domla topa olmadim. Hoji endi kulmadi. Chunki xotinining holiga achina boshlag‘an edi. — Bundog‘ aqlsiz ishlarni qo‘yayliq, xotin, — deb muloyimona so‘zlab ketdi, — bir oz aqlg‘a yon berib ish qilg‘an kishi hech bir vaqt dard qilmaydir. Modomiki, ikkimizning yolg‘iz ishonchimiz shu o‘g‘limiz ekan va uning sog‘liq, shodlig‘i bizning tirikligimizning tiragi ekan, bas, bizga lozimi uning xursandlig‘i nima bilan bo‘lsa, shuni axtarishdir. Men yaxshi bilamanki, sen bu ishlarni faqat o‘g‘lingni ayag‘aningdan qilasan va senda shundan boshqa hech bir maqsad yo‘q, bu tarafdan qarag‘anda seni ham ayblab o‘lturish oson emas... Shuni yaxshi bilg‘ilkim, o‘g‘lingning oy sayin Marg‘ilong‘a qatnab turishi seni xafa qilsa, meni ham sendan battar achchig‘imni qistatar, hatto ba’zi kezlarda so‘kib yubo-rish darajalarigacha borib qaytar edim. Ammo sening jahlingni chiqarib kulishim bo‘lsa, faqat «o‘lganimdan kulaman, yuzimni yerga suraman» qabilidan bo‘lib, bunga sen tushunmas eding. Nihoyat sen aytkandek jonim hiqildog‘img‘a yetdi-da, o‘g‘lingni bu gal Marg‘i-long‘a borma, deb yo‘ldan qaytarib qolg‘uchi ham men— o‘zim bo‘ldim... O‘zbek oyim boshini tervatib so‘zni eshitib kelar edi. Bu keyingi so‘zni eshitkandan keyin boshini ko‘ksigacha yetkuzib, «barakalla, rahmat» degandek qilib qo‘ydi. Hoji davom etdi: — Manim bu to‘xtatib yubormay qo‘yg‘animdan xabarsizlig‘ing uchun bo‘lsa kerak, ko‘ngling dom-laxo‘janing duosiga ketib qoldi va men sening so‘zingdan kuldim. Chunki haqiqatda buning sababchisi o‘zim edim... O‘zbek oyim eridan o‘pkaladi: — Nega axir meni xabardor qilmaysiz? — Bu to‘g‘rida menda ham ayb bor, — dedi hoji, — sen bilan o‘zimning muddaolarimiz bir, deb o‘ylag‘anim uchun Otabekni koyib to‘xtatqanimdan so‘ng seng‘a kengash olmasdanoq qudalaringga bir xat yozg‘an va kelin bolani Toshkandga olib kelishlarini so‘rag‘an edim. Haytovur so‘zimni yerda qoldirmag‘an o‘xshaylar, bu kun qudadan bitta javob xati oldim. Aqlli kishilarning sadag‘asi ketsang ham arziydir: «Shu choqqacha sizlarga ayttirmasdanoq ziyoratlaringizga borishimiz kerak edi. Xatingizni o‘qub nihoyatda xijolat chekdik, ayniqsa kelin bolangiz bek oyimg‘a qaysi yuz bilan qarayman, deb yuzini yuldi. Bu adabsizligini borg‘andan so‘ng albatta yuziga solmaslar, deb ishonamiz», deydir... O‘zbek oyim eriga anqayg‘ancha qarab turar edi. Haqiqatan ham hojining ustalig‘i O‘zbek oyimdek dumbul tabi’atlik xotinlarni gangitarlik edi. Ul xotinining javobini kutib o‘tirmasdanoq, tom ustiga tom yopa bordi: — Qaysi uyni bo‘shatdirsaq ekan? — deb so‘radi va javob kutmasdan, — qudalaringni nima bilan kutishni bo‘lsa o‘zing bilasan: tuya so‘yib chorlag‘aningda ham kelmaydirgan kishilar, — dedi. O‘zbek oyimning miyasi aynadimi yoki o‘zi aytgan sihirchi hindining duosi asar qildimi, har nuchuk uch yillik adovatlar va kina-kuduratlar barchasi ham allaqa-yoqg‘a qarab uchib ketdilar va ularning o‘rnini «ikki kelinlik bo‘lish» masalasi kelib oldi. Uzoq-yaqin xotinlarning «Hoy, O‘zbek oyimning marg‘ilonliq kelini ham kelibdur, xuddi to‘tining bolasi emish. Yuringlar, bir ko‘raylik», degan so‘zlari eshitilgandek bo‘ldi. Shu chog‘qacha Zaynabka yalinib, yalpog‘lanib kun ko‘rib kelgan bo‘lsa, mundan so‘ng bir qo‘sha kelinni o‘zining oyog‘lari ostida yalinib yurgan holda ko‘rdi. — Har nima bo‘lganda ham tegi nozik,— dedi oyim,— izzati uchun shu uyimizni bo‘shatib beramizmi? — O‘zing bilasan. — Biz to‘rdagi uyga ko‘chib o‘tsak ham bo‘ladir. Axir tegi nozik. Uch yillik kina va adovat o‘rnida nihoyatda oliy marhamat va mehribonchilik kelib o‘lturgan edi. Uch yillik emas, uch daqiqalik o‘zgarishdan O‘zbek oyimning yuzi qizarmas va qizarishni ham bilmas, hatto o‘g‘ul-qiz o‘sdirishni bilmaguchi Yusufbek hojidan allaqancha yuqorilarda yurar edi. Yusufbek hoji esa xotinidagi bu kulgulik o‘zgarish uchun ajablanmadi va kulmadi, chunki bu kulki tabi’atka molik bo‘lgan xotin bilan endi o‘ttuz besh yillab birga yashar edi. O‘zbek oyimni shu holga keltirgandan keyin undan so‘rab qo‘ydi: — Zaynabka ham bu xabarni yotig‘i bilan aytib qo‘yamizmi? — Siz bilan men bir ishni muvofiq ko‘rganimizdan keyin Zaynabka chikora, — dedi O‘zbek oyim. Mundan uch daqiqa ilgari saodati uchun tirishilgan orzuliq Zaynabning oqibati ham shu bo‘lib qolg‘an edi. — Gap unda emas, — dedi hoji, — umr, murosa degan gaplar bor, ayniqsa kundashlik ishi qiyin, kosa kosaga tekkanda g‘idi-g‘idi gaplar ko‘paysa, bizga emas, o‘g‘lingga ham tatimay qoladir. — Chaqir deysizmi? — Chaqir. O‘zbek oyim Zaynab bilan Otabekning kutilmagan ravishda ochilib so‘zlashib o‘lturganlari ustidan chiqdi. — O‘g‘ul-qizning kengashimi? Otabek kulimsirab Zaynabka qaradi, Zaynab esa tuzatinib o‘rnidan turdi va qayin onasiga joy ko‘rsatib: — Shunaqag‘a o‘xshaydir, oyi. O‘g‘ul-qizning kengashi xudda shu kunga yig‘ilib qolg‘an ekan, — dedi va kulimsirab eriga qaradi. O‘zbek oyim o‘lturmadi va uni-buni surishtirib, o‘ylab turmadi: — Ikkalasiga bir pardan ko‘ylaklik ol! Birini past, birini baland qilma, bu xotining bo‘lg‘anda ul ham ko‘z ochib ko‘rganing... Zaynab, sen men bilan jurchi, hoji otang chaqiryaptilar, — dedi. Tomdan tarasha tushkandek qilib so‘zlangan yuqo-ridag‘i gaplarga boshda ularning ikkavi ham tushunmadi. Ammo bir ozdan so‘ng Otabek aytilgan telva-teskari so‘zlarning ma’nosini onglab oldi, onasining nima bo‘lsa ham Marg‘ilon tarafka og‘ishqanini va o‘zining kuchlik bir dushmandan qutilayozganini bilib Zaynabni nima uchun chaqirilg‘anini ham payqadi. Zaynab esa bir nar-sa tushunmagan holda qayin onasi bilan chiqdi. Qayin ona, kelin qarshisig‘a kelib o‘lturishkandan keyin, hoji Zaynabka qarab oldi. — Bolam, Zaynab, — dedi, — biz Marg‘ilondagi opang ko‘chini olib kelmakchi bo‘ldiq... Sen shunga nima deysan? Zaynab yalt etib qayin onasig‘a qaradi, chunki O‘zbek oyimning boyagi gapi endi unga onglashilg‘an edi. Do‘stni dushman yonida ko‘rib bilinar-bilinmas qilib entikdi. — Men nima der edim... — Gap nima deyish va nima demasingda emas, oyim!— dedi hoji, — gap shundaki, ul kelgan chog‘da egachi-singildek bo‘lib keta olasanmi, deb so‘ramoqchiman. — Bo‘lib ketarmiz... — Egachi-singil bo‘lib ketarsiz-a? — deb takror so‘radi qayin ota. — Bilmadim... — Nega tag‘in bilmay qolding? Zaynab bir muncha vaqt o‘ylanib qoldi. — Qars ikki qo‘ldan chiqadir, — dedi Zaynab, — men yaxshi bo‘lg‘anim bilan opam yomon bo‘lsa, hozirgi bergan va’damdan nima foyda bo‘lsin. — Juda to‘g‘ri gapirding, bolam, sendan olg‘an va’dani undan ham olamiz. Zaynab sukut qildi. — Zaynab siz o‘ylag‘an kelinlardan emas, — dedi O‘zbek oyim, — xudog‘a shukur, aql-hushi boshida. — Boshqa gaplarni ko‘nglingga kelturma, qizim. Marg‘ilonliq kelin bilan sening bizga hech bir farqlaring yo‘q, ikkavlaring ham bolamizning qo‘shog‘i — bolamizsiz! Zaynab boshini irg‘atib qo‘ydi. Yusufbek hojining duosidan so‘ng, Zaynab Otabekning oldig‘a kirdi. Otabek Zaynabning yuzidagi ma’yuslikni birinchi ko‘rishdayoq sezdi. Bir oz jimgina qarshima-qarshi o‘lturishdilar, ikkisiga ham so‘z aytish o‘ng‘aysiz va al-lanarsa mone’dek edi. — Nega chaqirg‘an ekanlar? — deb nihoyat Otabek so‘rab yubordi. — Bilib turib so‘raysizmi? — dedi Zaynab kuchlanib kulgan holda. — Nimani bilib turib? — Marg‘ilondan keladirgan kishingizni. Otabek qiyin holatda qoldi va og‘zig‘a shu gap keldi: — Munda manim ixtiyorim yo‘q... hamma ishni otam qilayotibdir. — Otangiz qilsalar ham sizning ko‘nglingizdagicha. — Nima ko‘nglimdagicha? — Suyganingiz bilan birato‘lasiga qo‘shilib olish, albatta, sizning ko‘nglingizdagicha... — Men uni suyamanmi?.. — Albatta suyasiz... Otabek o‘zini tinch ushlagan holda: — Yanglishasiz! — dedi. — Hech yanglishmayman,— dedi Zaynab,— siz uyla-nishdayoq uni suyub olg‘ansiz, meni bo‘lsa... men: ota-onangizning orzularicha, — dedi va ko‘ziga jiq yosh oldi. Otabek og‘ir holga tushdi, bu to‘g‘ri so‘z uni tamom esankiratdi va bu haqiqatka qarshi borish, ya’ni yolg‘onlash yana og‘ir edi. Shunday bo‘lsa ham yolg‘onlamay chorasi bo‘lmadi: — Boshda... suyub uylanganim siz aytkancha to‘g‘ri, ammo hozir undog‘ emas, — dedi. — Ishonmayman. — Nega ishonmaysiz, ishoning... Zaynab bir oz unga qarab turg‘andan keyin: — Ishonmag‘animnnig sababi bor, — dedi. Otabek tinchsizlandi: — Sababini... so‘zlang... — Menga uylanganingizga qancha bo‘ldi? — Ikki... — Shu ikki yildan menga bo‘lg‘an aloqangiz bir zar-ra ham o‘zgargan emas, — dedi Zaynab, — meni xotin o‘rnida ko‘rmaysiz! — Bekor gap... — Bekor gap emas, jonim, — dedi Zaynab qizishqan holda. — Marg‘ilondan qaytkandan keyingi kunlaringizni mehmonxonada kechirib kelishingizdan albatta tona olmassiz. Shu ham umid bilan bir yostiqqa bosh qo‘yg‘an edi, deb manim to‘g‘rimda o‘ylab qaramas-lig‘ingizning sababi ham o‘zingizga... Zaynab so‘zini bitira olmadi, chetka qarab ko‘z yoshisini to‘kdi. Otabek go‘yo tog‘ ostida qolg‘an edi. — Siz tamom boshqacha tushunibsiz... — Bo‘lmasa, bu gaplarning sababi nima? — Sababi juda ochiq, — dedi Otabek. Lekin nimani sabab qilib ko‘rsatishni o‘zi ham bilmas edi. — Aytingiz axir? — O‘zingiz ham bilarsiz, deb o‘ylayman. — Men hech narsa bilmayman. — Bilasiz! — Xudo haqqi bilmayman. — Bilmasangiz... — dedi bek, — bilmaganingiz yaxshi. Sizga o‘z og‘zim bilan iqror qilishg‘a uyalaman... — Mendan-a, xotiningizdan uyalasizmi? — Uyalmayinmi? — Uyalmang. — Uyalmasam... mizojim zaif... Zaynab ishonar-ishonmas unga qaradi. — To‘g‘ri so‘zlamadingiz... — Ishonmasangiz o‘zingiz biling, lekin haqiqat gap shu, sizdan uzoqda yurishimning sababi ham shunda. — Ishong‘animda ham bu hol tashqarida yotib yu-rishingiz uchun katta sabab bo‘la olmaydir. Chunki men faqat shuning uchun sizdan o‘pkalamayman, — dedi va ko‘zini to‘ldirib Otabekka qaradi. — Menga sizning mizojingiz kerak emas... O‘zingiz!.. — dedi va yig‘lab yolborg‘an holda Otabekning quchog‘ig‘a o‘zini tashladi. Otabek Zaynabning shu qadar yurak dardi borlig‘ini bi-rinchi martaba bilar edi. Bechora Zaynab jonsiz haykalni o‘pib quchoqlar va yolborar edi. O'tkan kunlar — 47. Qudalarni kutib olish Kechagi kirgan savdogarlardan qudalarning bu kun aniq kirish xabarlarini bilgan edilar. Nariroqdan kuzatib kirish uchun Hasanali yo‘l ustiga ketkan, Yusufbek hoji-ning o‘zi ish boshida turib, Oybodoqqa tashqari havlini tozalatar edi. Ichkarida bo‘lsa, O‘zbek oyim qo‘shni xotinlardan bir nechasini hasharga aytib, hammani joy-joyig‘a qo‘ydirg‘an, havli yuzini ham yog‘ tushsa yalag‘undek holga kelturgan edi. Ammo o‘z uyini bo‘shatdirib, gilam solib qo‘yg‘anig‘a endi uch kunlab bor, qudalarning ziyo-fati uchun kerak bo‘lg‘an hamma narsalarni ham hozirlatqan, ular kelib tushdi deguncha, bo‘g‘izlatish uchun, deb bir g‘o‘non qo‘yni og‘ilning ustuniga qantattirib qo‘yg‘an edi. Kumush bilan Zaynabka atalib oling‘an xon atlaslarga ko‘ngli to‘lmay «har nuchukda tegi nozik, bu bo‘lsa endi ko‘p kiydi, atlasning yonig‘a yana bir xitoyi latta olingiz», deb marg‘ilonliqning ko‘ynagini bir qo‘sha qildirg‘an, bitta xitoy jujim mursakni kam ko‘rib, yonig‘a o‘zining qiymat baho zarrin mursagini va ikkita ro‘ymolga ham qoniqmay, o‘zining kelinligidan o‘rolmay qolg‘an qalmoqi sallachasini qo‘shqan edi. Zaynab ham uncha xafa ko‘rinmas, qayin onasining buyruqlarini eski holicha bajarib yurar va hozirda uyga kirib olib mehmonlar kelib tushdi deguncha, oldilarig‘a yozish uchun dasturxon yasatar edi. O‘zbek oyim hasharchi xotindan biriga tandirga o‘t qo‘yishni buyurdi-da, o‘zi Zaynabning oldig‘a keldi: — Dasturxoning bitdimi, bolam? — deb so‘radi. — Bitdi. Tashqarining asali kamga o‘xshaydir. — Kam bo‘lsa, darrav ombordan keragicha olib chiq, undan keyin xamiringga o‘zing qara, Oybodoqning qo‘li tegmas, xamir gup berib ketibdi, — dedi va darichadan ko‘tarilib dasturxonlarni kuzatdi, — dasturxoning tuzik, varaqini esingdan chiqarma, — dedi va o‘rta yo‘lakda ko‘ringan Yusufbek hojini o‘ziga imladi. — Beri keling. Yusufbek hoji boshida oq to‘ppisi va egnida oq olacha to‘ni bilan ustidan belini bog‘lag‘an edi. O‘zbek oyim yonig‘a sekin-sekin yurib keldi: — Nima gap? — Dasturxonlarimizga bir qarab qo‘ying-chi? Hoji parvosizg‘ina qilib qarag‘an bo‘ldi: — O‘zingga yoqsa bo‘pti, — dedi. — Qassob aytkanmisiz, tag‘in ular kelgandan so‘ng shoshib qolmayliq. — Qassob tayyor, hozir bo‘g‘izlatsaq bo‘lmaydimi? — Yo‘q, — dedi O‘zbek oyim, — osh egasi bilan shirin. Ha, aytkandek, qudangiznikiga yuborg‘an kishingiz keldimi? Asal uchun shoshib borg‘an Zaynab to‘xtab qayin otasining og‘zig‘a qaradi. — Borib keldi, — dedi hoji, — Alimbek dalasiga ketkan ekan, xotin qudalar kelishmakchi bo‘lishibdir. Zaynab asalga ketdi. Hoji O‘zbek oyimning yonig‘a yurib keldi va sekin so‘radi: — Zaynab xafa emasmi? — Nimaga xafa bo‘lar edi. — Axir, so‘rayman-da. — Tuppa-tuzik, — dedi O‘zbek oyim, — tashqarin-gizdan Oybodoq qutilayozdimi? — Qutilib qoldi. Mahalladan ham uch-to‘rtta kishi aytdim, oshni ko‘proq qilish kerak. — Xo‘b. Hoji uyon-buyong‘a alang‘lab olg‘andan keyin so‘radi: — O‘g‘ling qayog‘da, ko‘rinmaydimi? — Tashqarida edi-ku. — Boya shuyoqqa kirgandek bo‘lg‘an edi. — Guzar-puzarga chiqg‘andir, — dedi O‘zbek oyim. Oybodoq tashqarini yig‘ishtirib kirdi. Hoji meh-monxonaga chiqib ketdi. O‘zbek oyimning amricha Oybodoq, Zaynab va hasharchi xotinlar kulcha yasashg‘a o‘lturdilar. Kun tushdan og‘qanda hamma saranjom oling‘an edi. O‘zbek oyim to‘yga boradirg‘an xotinlardek yasangan, egnida odimi xon atlas ko‘ynak, boshida oq shohi dakana, ko‘zida surma edi. O‘zbek oyimning: «Kelinni xor tutar ekan demasinlar, sen ham o‘zingni tuzat», deb aytkani uchun Zaynab ham tamom ipaklarga ko‘milib yasang‘an, kecha erga tekkan yangi kelinlar suratiga kirgan edi. Zaynabning onasi — Mohira oyim, opasi — Xush-ro‘ybibi va yangasi Hanifanisolar ham kelishdilar. O‘zbek oyimning ko‘ngil tortar qo‘shnilaridan Karima otin, Sharofat chevar va Mahinabonular ham yasanib-tusanib chiqdilar. O‘n chog‘liq xotin bo‘lishib sovutmachoq dasturxonga o‘lturishdilar. O‘zbek oyim majliska— marg‘ilonliq qudaning odamgarchilikni bilishidan, Ota-bekni Toshkanddan uylantirishga qarshi lom-mim demay, qaytag‘a o‘zi kuyavi bilan birga kelib, to‘yni o‘tkazib ketkanidan, marg‘ilondag‘i obro‘sidan va davlatidan bahs qilib aytar edi: — Bechoraning bori-yo‘g‘i peshonasidagi bolasi shu bizning kelinimiz. Otabekni o‘z bolasidan ham yaxshi ko‘rib, «O‘g‘lim bo‘lsa shundog‘ bo‘lar edi-da, mendan keyin hamma davlatim shuniki, ilohi omon bo‘lsin», der ekan. Mohira oyim allanuchkalangani holatda javob berar edi: — Ha, aylanay quda, qars ikki qo‘ldan chiqadir, de-ganlar... Buzoq yaxshi bo‘lsa, ikki onani ham emar ekan... Quyoshning qizdirishidan changi chiqib ketkan havlig‘a suv sepib turgan Oybodoq tashqaridag‘i guldir-guldirni eshitdi va chopib mehmonlar o‘lturg‘an uyning darichasi yonig‘a keldi: «Kelishkanga o‘xshaydirlar», dedi. O‘zbek oyim gapirib turgan so‘zini yarim yo‘lda qoldirib, o‘rnidan turdi va mehmonlar ham unga ergashdilar. Zaynab bo‘zarg‘an holatda uyiga yugurib ketdi. O‘zbek oyim boshliq xotinlar havli yuzasiga tushdilar. Mohira oyim qizi Xushro‘yning qulog‘ig‘a nimadir shivirlab kulib qo‘ydi. O‘zbek oyim o‘rta eshikka borib yetmagan ham edi, narigi yoqdan qo‘shnining bolasi yugirib kirib qoldi. — So‘yinchi bering, bek buvi, kennoyim keldila! O‘zbek oyim cho‘nchagiga qo‘lini solib besh-o‘n pul olib berdi. Bola orqasidan Xasanali ko‘rindi: — Qani oyi, ko‘rmanani bering-chi, men sizning qochqoq keliningizni tutib keldim! — dedi va yo‘lakka qarab: — To‘xtang, to‘xtang, ilgari men so‘yinchimni undirib olay. Yo‘lakdan Oftob oyim ko‘rindi. Paranjisi boshida, chashmandi qo‘lida edi. Hasanali O‘zbek oyim bilan tanishdirdi: — Bu kishi qudachangiz — Oftob oyim bo‘ladirlar. O‘zbek oyim Oftob oyim bilan salomlashib quchoq-lasha ketdilar. O‘zbek oyimdan keyin boshqa xotinlar uning bilan ko‘rishib chiqdilar. Hammaning ko‘zi along-jalong‘ keldi. Kumushni axtarishar edilar. Kumush hali ichkariga kirgan emas. O‘zbek oyimning ikki ko‘zi yo‘lakda, Hasanali bir yo‘lakka va bir O‘zbek oyimg‘a qarab nima uchundir ko‘zini qisib qo‘yar edi. Xotinlar bilan ko‘rishib chetda turgan Oftob oyim qudasi yonig‘a keldi: «Uyalib turg‘andir» deb kuldi. O‘zbek oyim kulimsirab yo‘lak tomong‘a: — Hoy, posha kelin! — dedi, — bizlar kutib qoldiq-a, uyalmang bolam! Hasanalining ko‘rmanasi bo‘lsa tayyor! Hasanali yo‘lakka qarab imladi. Qip-qizarg‘an holda Kumush ko‘rindi: paranjisi qo‘lida, qora atlas ko‘ynak egnida, zangor latta mursak ustida, oq shohi ro‘ymol boshida edi. Shahlo ko‘zlari kulimsirashka yaqin holda uyatlik edilar. Hasanali tanitdi: — Mana bu kishi qayin onangiz — bek oyim bo‘ladirlar. Kumush salom berdi va qo‘lidag‘i paranjisini yerga tashladi, yugirib kelib o‘zini O‘zbek oyimning qucho-g‘ig‘a oldi. O‘zbek oyim ham uni mahkam siqib quchoqlab olg‘an, yuzidan shap-shap o‘pib aylanib, o‘rgular va tikilib-tikilib nima uchundir yig‘lar edi... Kutib turgan xotinlar, Mohira oyim, Xushro‘y va Hanifalar Kumushni ko‘rgan on birbirlariga qarashib lablarini tishlashdilar... Qayin ona-kelin bir daqiqa chamasi ko‘rishib qoldilar. So‘ngra Kumush boshqalar bilan bir-bir ko‘ri-shib chiqdi. O‘zbek oyim har bir xotinni kim bo‘lganini unga tanitib bordi. Eng keyin orqadan Zaynab ko‘rindi. Chunki ul uydan endi chiqib kelgan edi. O‘zbek oyim kulib Kumushka qaradi. — Qani, o‘zing tani-chi, kim ekan bu? Kumush hayron bo‘lib qolmadi... Ipaklar ichiga g‘arq bo‘lg‘an Zaynabka qarab olib, unga tomon adim tashladi: — Zaynab opam! — dedi. Zaynab ham kulimsiragan holda Kumushka yaqinlashib keldi... Ikki kundash «esonmisiz, omonmisiz, eson-omon yuribsizmi...» so‘z-lari bilan ozorsiz qilib bir-birining yelkasiga va qo‘ltiq ostig‘a qo‘l yuborishdilar. Ular ko‘rishib turg‘anda yo‘lakdan Yusufbek hoji ko‘rinib, qochadirg‘an xotinlar o‘zlarini chetka oldilar. Hoji ularning oldig‘a — yuzaga chiqg‘ach,Oftob oyim salom berib ro‘ymoli bilan tomog‘ ostlarini o‘rab oldi. Hoji qudachasi bilan so‘rashib: — Barakalla, singlim! Haytovur charchamay kelding-larmi, men sizlarni ovora qildimov, — deb uzr aytib kulgan va uyalib borg‘an qudachasig‘a yengillik bergan bo‘ldi. — Qani, bek otasi, ko‘rmanani bering-chi! — dedi O‘zbek oyim Kumushni imlab. Kumush uyalib zo‘rg‘ag‘ina salom berdi va Yusufbek hojining yaqinig‘a kelib bo‘yin egdi. Hoji qo‘li bilan Kumushning yelkasiga qoqib suydi va Kumushning manglayig‘a tegizib olg‘an o‘z qo‘lini o‘pdi: — Bizning Marg‘ilonda ham shunday kelinimiz bor ekan-ku, biz bilmay yurg‘an ekanmiz-da, — deb tevaragiga qarab kulindi va qo‘lini duog‘a ochdi. — Bizni shunchalik siylab kelibsizlar, bu yaxshiliqlaringiz bizdan qaytmasa, xudodan qaytsin. Olloh taolo yoshlarg‘a tinch va barakatlik umr bersin. Ilohim, taqabbul duo... Hamma duog‘a yuz siypashdilar. So‘ngra Yusufbek hoji Kumush bilan Zaynabka qaradi: — Men sizlarning ko‘rishib turg‘anlaringizni ko‘rib juda quvondim, — dedi. — Mundan so‘ng ham shu yo‘sunda bir-birlaringizga egachi-singildek bo‘lmoq-laringizni tilayman, — dedi va O‘zbek oyimg‘a: — Qani, mehmonlarni ichkariga olinglar, — deb o‘zi tashqarig‘a burildi. O'tkan kunlar — 48. Zimnan adovat Shundan keyin O‘zbek oyim olding‘a tushib, qudasi bilan Kumushni uyga boshladi. Ularning ketidan bosh-qa mehmonlar yurdilar. O‘zbek oyim yo‘l ustidan Oybo-doqqa: — Tezroq choyingga qara, bechoralarning aravada ichagi uzulg‘andir,— dedi va Oftob oyim bilan Kumushka,— men sizlardan juda xafaman,— deb qo‘ydi. Oftob oyim Kumushka qaranib javob berdi: — Aytsangiz, aytmasangiz biz juda uyatlik bo‘lg‘an-miz. Uyning dahliziga kirdilar. O‘zbek oyim ularni to‘rga taklif qildi: — Qani, yuqorig‘a! — dedi. Oftob oyim to‘rga harakat qilsa ham, Kumush boshqa mehmonlardan uyalib to‘xtadi, O‘zbek oyim uni qistab tushdi: — Iymanma, Kumush otin, bu kun-erta bizga yangi kelinsan, uchunchi kundan boshlab sen mug‘ombirning boshingda tegirmon yurgizishni o‘zim yaxshi bilaman! — dedi. Oftob oyim va keyindagilar kulishdilar. — Yana hali sen manim sobunimga kir yuvib ko‘rganing yo‘q! — deb qo‘ydi. Bu gal Kumush ham kulimsirab oldi. To‘rga Oftob oyim va Mohira qudachalar o‘lturdilar. Oftob oyimning so‘liga Kumush, Kumushning yonig‘a Xushro‘y, Mohira oyimning o‘ngiga Hanifa, undan keyin Karima otin, Sharofat chevar va Mahinabonular qator chizilishdilar. Eng oyog‘da O‘zbek oyimning o‘zi o‘lturdi. Karima otin qo‘l ochib duo qilg‘andan keyin, O‘zbek oyim «Xush kelibsiz» qildi. Mundan so‘ng hammaning ko‘zi ittifoq qilg‘andek Kumushka tushdi. Kumush uyalib yerga qaradi. Bir necha vaqt jim qolishib Mohira oyim Oftob oyimdan so‘radi: — Marg‘ilondan yetib kelguncha ham juda bir yerga yetkandirsizlar? — Uncha charchag‘animiz yo‘q, — dedi Oftob oyim,— o‘zi Marg‘ilondan Toshkandgacha arava yo‘li o‘n kunlik ekan, biz charchamayliq, deb sekin-sekin o‘n ikki kunda keldik. — Yo‘l loydir? — deb so‘radi Mahinabonu. — Loy emas, — dedi Oftob oyim, — yo‘l juda yaxshi ekan — ikki yoqda ko‘m-ko‘k maysa, qirlarda lolalar, yo‘lning juda ham tomosha vaqti ekan. So‘z navbati O‘zbek oyimg‘a keldi: — Kelmaganlaringizda Otabekni endi sira ham yubormasliqqa qaror qo‘yg‘an edim, — dedi, — booo xudo, o‘g‘lim, uch yildan beri oy sayin Marg‘ilong‘a qatnab zerikmadingmi, endi ular ham kelsin axir, deb yo‘ldan to‘xtatqan edim. Kumush Otabek ismini eshitkach, sekingina ko‘tari-lib qo‘ydi. Oftob oyim Hasanalidan hamma sirni o‘rganib olg‘an, shuning uchun O‘zbek oyimning dovdirashiga tushundi: — Yuzimizga solmasangiz ham juda uyatlik bo‘l-g‘anmiz, — dedi. Zaynab dasturxon ko‘tarib kirdi va mehmonlarga «Xush kelibsiz» aytkandan so‘ng dasturxonni yozdi. Dahlizdan — Oybodoq qo‘lidan yasalg‘an barkashlarni olar ekan, birikki qayta yer ostidan Kumushka ko‘z yubordi va Kumushning ko‘zi ham uning keyingi qarashida to‘qnashib oldi. Barkashlar qo‘yilib bo‘ldi. Oybodoq to‘rt choydish choyni mis tekligi bilan kirgu-zib berdi. Zaynab choydishlar yoniga mehmonlarga choy quyish uchun o‘ltirdi. O‘zbek oyim chiqib borg‘an Oybodoqni to‘xtatib so‘radi: — Qassob kelganmikin? — Boya kelgan edi. Oyimlardin fotiha olib bersangiz, qo‘yni chiqarib berar edim. O‘zbek oyim qudachasig‘a qaradi: — Fotiha berasizmi, quda! Oftob oyim Mohira oyimg‘a qaradi. — Fotiha beringiz, oyi! — Qo‘y sizga atalg‘an, — dedi Mohira oyim. — Fotiha berish sizning haqqingiz, biz bo‘lsaq fotihani ko‘b berganmiz... O‘zbek oyim ham «siz bering» degandek qilib Oftob oyimg‘a imladi. Oftob oyim uyalinqirab fotiha berdi. Oybodoq chiqg‘andan keyin dasturxonga qaradilar va «olingoling » bilan bir-birlarini qistasha boshladilar. Boyag‘idek ko‘bchilikning ko‘zi Kumushda edi. Ayniqsa O‘zbek oyim suqlanib unga qarar va tomoqqa qistar edi: — Ol bolam, ol! Men tomoqdan uyalaturg‘an kishini yomon ko‘raman. Yoki eshikdan kirishingdanoq sansi-ray boshlag‘anim uchun xafa bo‘ldingmi? — Xafa bo‘lish emas, so‘yindim, — dedi Kumush va dasturxondan cho‘qindi. Oftob oyim: — Sansirashingiz uch yildan beri Kumushni bolam, deb yurganingizni bizga ochiq onglatdi. Ayniqsa men buning uchun sizdan minnatdorman. Karima otin: — Kishi o‘z bolasini sansiraydir, begonani ham sansirasin-chi. Zaynab: — Meni ham chimildiqdan chiqishim bilanoq sansi-ragan edilar... O‘zbek oyim: — Men yaqin ko‘rgan kishimni sizsiray olmayman.— deb maxtang‘an sumol bo‘lib oldi, — hoy Kumush, ol, jilla qurisa anuv varaqidan bir-ikkita ye, yuraging uzilg‘andir. Kumush uzr aytdi: — Charchadim shekillik, — dedi, — ishtihom bo‘g‘il-g‘ang‘a o‘xshaydir... O‘zbek oyim kuldi: — Ishtihong bo‘g‘ilg‘an bo‘lsa charchag‘aningniki emas eringni sog‘inganingniki, — dedi. Birdan hamma kulib yubordilar. Zaynab ham kulguga ishtirok qildi... Ammo Kumush yuzini chetka o‘girgan edi. Ehtimolki, qayin onasining zakovatiga ichidan tahsin o‘qur edi. O‘zbek oyim Oftob va Mohira qudalarni dastur-xong‘a qistadi: — Oling quda, siz yoshlarni qo‘yabering, bularni yigit asrasa, siz bilan meni tomoq asraydir. Yana kulgi boshlandi. Oftob oyim o‘zini tutolmay kular edi. Kumush ham ochiq kulib, kulgi orasida Zay-nabka qarab oldi — Zaynab ham kular edi... Kulgi bosilib tushkandan keyin, Zaynabning yangasi Kumushdan so‘radi: — Begingiz bilan ko‘rishmaganingizga qancha bo‘l-di? Kumush dahshatlanib onasig‘a qaradi. Oftob oyim javob berdi: — Uch oy shekillik. Xushro‘y o‘zining zolim ko‘zini o‘ynatdi: — Ha, bo‘lmasa xolam aytkanlaridek ishtihongiz bo‘g‘ilg‘ani o‘shaniki. — To‘g‘ri, to‘g‘ri! — deyishdi xotinlar. — Men o‘zim bilaman, — dedi O‘zbek oyim, — jo‘rttaga Otabekni uch oy to‘xtatib qo‘ydim-ku, axir! Kumushning ko‘nglidan kechdi: «Aniq bilasiz, jo‘rt-taga to‘xtatdingiz!» Oftob oyim kulib javob berdi: — Jilla uniki bo‘lmasa kerak. Manim ham ishtihom bo‘g‘ilg‘andek... O‘zbek oyimning esiga Otabek tushkan edi. — Hoy, aytkandek, Otabekni ko‘rdingizmi? — deb Oftob oyimdan so‘radi: — Yo‘q. O‘zbek oyim Zaynabka qaradi: — Tashqaridamikin? — Yo‘q emishlar... — dedi Zaynab. O‘zbek oyim ajablandi: — Boya otang ham so‘rag‘an edilar... — dedi, — qa-yoqqa ketkan ekan, aqlsiz... Ertalab senga hech narsa demabmidi? Kumush Zaynabning og‘ziga tikildi, Zaynab ham unga qarab oldi: — Ertalab mendan ust to‘nlarini so‘rag‘an edilar,— dedi, — men to‘nni berib qayoqqa borishlarini so‘rag‘animda, bir joyda ishim bor, degan edilar... Zaynab zimnan Kumushni chaqib oldi. Kumush loy kabi bo‘shashib, Oftob oyim ham og‘ir tortdi. Zaynabning qarindoshlari kulgan sumol bir-birlariga qarashib oldilar. O‘zbek oyim oradan o‘tkan sirni payqadi: «Birarta zarur ishi chiqg‘andir», dedi. Shu vaqt darichadan Hasanali ko‘rindi, qo‘lida bir mesh qimiz ko‘targan edi, darichadan turib mehmonlarni «Xush kelibsiz» qildi» va qimizni uza-tib Oftob oyimg‘a qarab kuldi: — Qimizni kuyavingiz sizga kirgizdi. Oftob oyimning hushi o‘ziga kelib, Kumushning yuziga qon yugirdi. Anovilar bo‘lsa, endi bularning holiga tushib bo‘zrayishdilar. Qimiz bilan yengillashkan O‘zbek oyim Hasanalidan so‘radi: — Qachon keldi? — Hozir. — Qayoqqa yo‘qolg‘an ekan, ahmoq? Hasanali izoh berdi: — Kecha hoji unga ish buyurg‘an ekanlar. Bilmadim, kecha nima bilan ovora bo‘lib xizmatni unutkan va bu kun ertalab esiga tushib mehmonlar kelguncha borib kelarman, deb shunga ketkan ekan. Boradirg‘an joyi uzog‘roqda bo‘lib, kechikkan va yo‘ldan kelaturib bu gunohiga ikki mesh qimiz olg‘an... Hali qimizni menga berib: «Kirib ayting, juda uyatlik bo‘ldim kechirsinlar», deydir, — dedi va kuldi. Karima otin: — Kechirilmaydir, qimiz o‘zi nima degan gap, — dedi. Oftob oyim mehmonlarga qarab chiqg‘andan keyin Hasanaliga kulib javob berdi. — O‘zimiz juda cho‘llab kelgan edik, shuning uchun kechirdik. — Balli-balli! — dedi Hasanali, — men kechirganingizni chiqib aytaman. — Chiqib ayting, — dedi Oftob oyim. — Siz-chi? — deb so‘radi Hasanali Kumushdan. Kumush baqadek qotib o‘lturgan Zaynabka qaradi va uyalinqirab javob berdi: — Men ham kechirdim... — Sizning ikki boshdan kechirishingizni o‘zim ham bilar edim, — dedi Hasanali. Bo‘g‘oz-qisir uy ichini kulgi bosdi. Kulgidan so‘ng O‘zbek oyim: — Nega o‘zi kirmadi? — deb so‘radi. — Qayin otasi bilan so‘zlashib o‘lturibdir... Hasanali ketkandan keyin O‘zbek oyim Oybodoqqa, qimizni mis tog‘orag‘a bo‘shatishka buyurdi. Qo‘y so‘yilib tayyor bo‘lg‘an edi. O‘zbek oyim qudachasining ra’yini so‘radi: — Nima buyurasiz? — Mendan so‘rab o‘lturmang, mehmonlar nimani xohlasalar biz ham o‘shanga yormiz. O‘zbek oyim tomoq buyurish uchun havliga tushdi. Zaynab mis tog‘orog‘a ag‘darilg‘an qimizni cho‘michlab kosalarga quyib mehmonlarga tutdi. O'tkan kunlar — 49. Hoji etak silkkan To‘rda qutidor, uning yonida mahallaning imomi Yunus Muhammad oxund, yurt og‘asi Pirnazar jallod va Sotiboldi otalig‘ yana bir keksa o‘lturar edilar. Pirnazar jallodning yonida Otabek va Sotiboldi akaning qatorida Yusufbek hoji edilar. Oyog‘da Hasanali meshdan qimiz quyar edi. So‘z to‘rtinchi kuni bo‘lib o‘tkan qipchoq qirg‘ini ustida ketib, Yusufbek hoji bu to‘g‘rida so‘zlar edi. — Men biz xalqning odam bo‘lishimizdan tamom umidimni kesib qo‘ydim... Esimni tanig‘animdan beri amal demay, mansab demay faqat shu musulmonlar manfaatini ko‘zlab kelib, oyog‘ida o‘zini qushbegi, mingboshi olg‘an uch-to‘rtta manfaatparastlardan go‘yo yosh bola kabi aldandim... Ululamir bo‘lg‘an kishi ham shu manfaatparastlarning xarob fikrlariga quloq berib, bizdek odamlardan bu to‘g‘rida bir og‘iz kengash so‘rashni unutdi. Holbuki, Musulmonqul balosidan uni najotka chiqarg‘uchilarning bittasi biz edik. Natijada ersa so‘zi — so‘z, kengashi — kengash bo‘lg‘anlar shu uch-to‘rtta kalla buzarlar bo‘lib, bizga o‘xshag‘anlarning darajamiz yosh boladek aldanish ekan... Yunus Muhammad oxund uning so‘zini bo‘ldi: — Ey hoji, — dedi, — hamma fasod ululamirda, agar ululamir durust odam bo‘lsa, uch-to‘rtta muttahamning yomonlig‘i hech qayerg‘a bormas va buncha gunohsiz bechoraning qoni o‘rinsiz to‘kilmas edi. Janobi payg‘ambari xudo hadisi shariflarida aytadirlarkim, «Bismillahir-rohmanir-rohim qola an-nabiyu alay-hissalom: Izo vasada alamru ilo g‘ayri ahlihi fantazir as-soata, ya’ni ul sarvari koinot marhamat qilurlarkim, agar bir qavmning ishi noahl odamg‘a topshirilg‘an bo‘lsa, bas, o‘shal qavmning qiyomatini yaqin bil, ya’ni halokatiga muntazir bo‘l». Bas, bizning korlarimiz ham ko‘b fursatlardan beri noahl odamlarning qo‘lig‘a qolib va har zamon ul nobakorlar bizlarning boshimizg‘a anvo’i kulfatlarni soladirlar. Ilohi kori badlari o‘z boshlari birlan daf’ bo‘lg‘ay. — Saddaqta yo rasulilloh, — dedi hoji va hadisni takrorladi: — «Izo vasada al-amru ilo g‘ayri ahlihi fantazir as-soata» — voy bo‘lsin biz badbaxtlarning holiga,— dedi. Bir oz ma’yuslanib to‘xtadi va domla tarafidan bo‘lingan so‘zini shu gaplar bilan tamomladi: — Shu kungacha bo‘lmag‘anlarg‘a bo‘lishmoqchi bo‘lib umrimning nihoyatiga yetib qoldim, — dedi. Soqolini tutamladi. — Bu soqol shu el qayg‘usida oqardi. Bu ko‘ngil shu manfaatparastlar ta’sirida qoraydi. Yoshim oltmish beshka yetib bir vaqt bo‘lsin ibodatimni janobi haqqa bevosita yo‘naltirg‘animni va ko‘ngil ko‘zim ochilib qilg‘an sajdamni xotirlay olmayman. Bu aldanishim ersa, haq tarafidan bir tanbeh, bo‘lmag‘ anlarg‘a bo‘lishmoqchi bo‘lg‘anim uchun bir kinoya-dir. Endi mundan keyingi besh kunlik umrim dunyo mojarolaridan etak silkib to‘sha’i oxirat tadorikini qilmog‘im uchun g‘animat ko‘rinadir. Bu so‘z majliska bir ma’yusiyat berdi. Ko‘b vaqt hammalari sukutda qoldilar. Hojining gapi ayniqsa Pirnazar akaga ta’sir qilg‘an edi. Ul o‘z hunari ruhida mulohazasini so‘zladi: — Yomonlarni bitta-bitta, terib-terib bosh kesmasdan elni tinchitish qiyin, — dedi. Bu so‘zdan keyin majlis ahli hojining og‘zig‘a qaradilar. Hoji kulib qo‘ydi, bir ozdan keyin: — To‘g‘ri aytdingiz, jallod, — dedi, — bu taqdirda yoningizda o‘lturg‘an bizning o‘g‘ulni ham ko‘makingizga chaqira olasiz... Hamma kulib yubordi. Qutidor yer ostidan Otabekka kulimsirab qaradi. Otabek dadasining kinoyasiga tushunib qip-qizil lavlagidek bo‘ldi. Yaxshiki qutidor va Hasanalidan boshqa hech kim bu kinoyaga tushunmas edi. Pirnazar aka jiddiycha Otabekka qaradi. — Otabek menga o‘xshag‘an jallodkina emas, amiri lashkar bo‘la oladir. Siz fotiha bersangiz va Otabek amr bersa men xudo haqqi yomonning boshini olishdan qaytsam, — dedi. — Bizning kattadan-kichigimizning, — dedi hoji,— topqan-tutqanimiz faqat bosh olish... Biz o‘ylaymizki, go‘yo bosh olish bilan olam tinchiydir va biz o‘z xohlag‘animizni qila olamiz. Tuzik, jallod aytkanidek, yomonning boshini olmoqqa men ham qarshi emasman va lekin buning nozik shartlari bor: avvalo manfaati shaxsiyasidan kechib, faqat el baxti uchun bosh tikkanlar jamoasi kerak va bu jamoaning o‘z maslaki yo‘lida kuzatkan ma’lum bir nishonasi bo‘lmog‘i zarur. Ana shundan keyin haligi nishonaga qarab intilishda oyog‘ ostig‘a elashkan cho‘p-xaslarni supira borish lozim. Mana shundagina to‘kilgan qonlar o‘rinlik va mashru’, berilgan boshlar chin qurbon hisoblanadirlar. Yo‘qsa, sizning bosh olishingiz ham anovilarning qirg‘inidan farq-lik bo‘lolmas, — dedi va bir oz to‘xtab olg‘andan keyin afsuslandi, — shu yoshg‘a yetib bu xalq orasida haligi jamoani uch-to‘rt nafardan ortiq uchratolmadim, afsus. Yana bir muncha gaplar o‘tkandan keyin hammalari masjidga chiqib peshinni o‘qub kirish uchun qo‘zg‘al-dilar. Otabek ham ko‘bchilik bilan birga qo‘zg‘alg‘an edi, Hasanali uni to‘xtatdi: — Siz to‘xtangiz, Otabek, — dedi. Kishilar havli yuziga tushkandan keyin, — ichkariga bir kirib chiq-masangiz ayb bo‘ladir... Boyag‘i ishingizni bo‘lsa zo‘rg‘a yolg‘on-yashiq bilan ularning ko‘nglidan chiqardim. Otabek nihoyatda bo‘shashqan holda qaytib o‘rniga o‘lturdi: — Mayli, bo‘lmasa... — dedi. O'tkan kunlar — 50. Hasanalining hiylasi Kishi ortiqcha qo‘rqqanda gangib a’zosi harakatsiz va og‘riq holga tushadirkim, albatta buni biz qattig‘ qo‘rqqandan deb bilamiz. Darhaqiqat, bizning qarshi-mizg‘a yo‘lbars chiqsa, biz qattig‘ qo‘rqamiz, chunki bizni o‘lum kutadir, inson uchun dunyoda o‘lumdan qo‘rqunch narsa yo‘q. Binoan alayhi biz bundagi qo‘rquvni tabiiy hisoblaymiz. Ammo qizig‘i shundakim, bizni dunyo baxti kutkanda, bizga saodat bashorati berilganda nega biz o‘lum kutkandagi holga tushamiz va uzviy tashkilotimiz (o‘rganizmamiz) birinchidagi holatni kechiradir? Otabek ham hozir shu keyingi holatka tushkan edi. Erta bilandan boshlang‘an bu holat Hasanalining ke-yingi so‘zi bilan tamom bir dahshat kasb etdi va hushsiz-larcha o‘lturib qoldi. Hasanali kirgandan so‘ng qilinadirg‘an muomalani ta’lim berdi: — Onangiz bilan Zaynab anovi mojarolaringizdan xabarsizdirlar, buni qayin onangiz bilan kelinga ham uqdirib qo‘yg‘anman. Ular bilan so‘rashib, so‘zlashqa-ningizda, go‘yo uch oydan berigina ko‘rishmaganlardek bo‘lingiz. Otabek bo‘zarib entikdi: — Ul-ku oson... — dedi. — Qiyini qaysi? — Shu choqg‘acha tushunmadingizmi? Hasanali Otabekning yuziga uzoq tikilib qoldi... — Yigit emasmisiz, ey barakalla. — Yigitlik bilan yurakni to‘xtatish... Hasanali ham o‘ylab qoldi. Darhaqiqat, Otabekning hozirgi holi nozik edi. Hasanali bir necha qayta bosh qashinib va soqol tutamlab o‘ylandi. Nihoyat, o‘zicha kulindi: — To‘xtang bo‘lmasa,— dedi,— men bir ish qilayki... — Nima ish qilmoqchisiz? — Siz hozir so‘ramang, ammo shu daqiqadan boshlab ixtiyoringizni menga topishtiring. Otabek kuchlanib kuldi: — Nima, axir? — deb yana so‘radi. — So‘ramang, — dedi Hasanali, — siz tinchkina tahoratingizni olib, namozingizni o‘quy bering. Hasanali shu so‘zni aytib mehmonxonadan chiqdi. Otabek Hasanali tarafidan tashir etilgandek, turib tahorat oldi va mehmonxonaga kirib «tarobih» boshladi... Oradan yarim soat chamasi vaqt o‘tkan edi, Hasanali ichkaridan chiqib keldi. Otabek esa hanuz ruku’da, sujudda edi. — O‘qub bo‘lmadingizmi? — deb so‘radi darichadan. Otabek yonig‘a salom bermasdan unga qaradi. Bu holga Hasanalining kulgusi qistab kelsa ham, o‘zini zo‘rg‘a to‘xtatti: — Qani, men bilan yuring. — Qayoqqa yuraman. — Ichkariga. — Tag‘inmi? Hasanali kuldi: — Endi kirsangiz bir martaba bo‘ladir, — dedi. — Siz... hozir o‘rta yo‘lakdan sekingina manim uyimga kirasiz... Xotinlar namoz o‘qub yotibdirlar, sizni hech kim ko‘rmaydir. Siz kirgandan keyin men eshikni ustingizdan yopib olaman-da, bir ozdan so‘ng oldingizg‘a kelinning yolg‘iz o‘zini kirguzaman... tuzikmi? — Tuzik... — Qani, turing tezroq! Otabek turdi. Uchrashishka hali anchagina vaqt bor, shuning uchun uning yuragi tinch sumol edi. O‘rta yo‘lakka kirdilar. Oldinda borg‘an Hasanali to‘xtadi va uyning eshigini ko‘rsatib «o‘ting!» dedi. Otabek uning aytkanicha qilib o‘zini uyga oldi. Hasanali Otabekni uyga kirguzgandan so‘ng kelib eshikni qiyaroq ravishda yopdi va darichani narigi uydan qarag‘anda kishi ko‘rinmaslik qilib qiyg‘och ochdi. Shundan keyin ul o‘zicha nimagadir kulimsirab xotinlar oldiga ketdi. Otabek kirguzilgan Hasanalining uyi Oybodoq ona tarafidan tozag‘ina yig‘ishtirilib, o‘rta hollik kishilarning uyidek asbob, jihozlar bilan ziynatlangan edi. Devorlar ganchlangan, shiplar sirlangan, oyog‘ osti alvon gullik kiyiz bilan to‘shalgan va taxmong‘a kirpo‘sh ko‘rpalar osilg‘an edi. Otabek kafshini dahlizga yeshdi-da, uy bo‘yicha bir-ikki qayta yurindi va entikib nafas oldi. Shu vaqt taxmong‘a osilg‘an kirpo‘sh o‘z-o‘zidan qimirlag‘andek bo‘ldi. Bu qimirlashni Otabek payqamadi. Haligi qimirlag‘an kirpo‘sh birdan ochilib ketib Otabek cho‘chidi... Birav taxmondan unga qarab kulimsirar edi. Otabek titrar edi... Bir ozdan so‘ng ikkisi ham o‘zlarini bir muncha to‘xtatdilar-da, bir-birlariga tomon yurishib keldilar va so‘zsizg‘ina quchoqlashdilar... Otabek sunbul islik sochlardan ruh olar, Kumush go‘yo uning bag‘rig‘a singib ketkan edi. Bu hol bir daqiqa chamasi davom etkandan keyin bir oz ajralishqan ko‘yi uyning oyog‘ig‘a yurib bordilar va tiza-batiza o‘lturdilar... Birisi ham so‘zlay olmas, faqat termulishar edilar. Necha daqiqag‘acha shu holatda bo‘ldilar. Nihoyat, Kumush kulgi aralash ko‘ziga yosh oldi. — Siz... qochqoqsiz, — dedi. — Siz... — Men? — Siz quvloqsiz. — Ajab qilaman, — dedi Kumush va shapalog‘i bilan erining yuziga sekingina urib qo‘ydi. — Bu yoqqa ham... — U yoqqa Zaynab ursin. — Zaynabning... urishka haqqi yo‘q. Kumushning ko‘zida haligacha ko‘rilmagan bir shodliq o‘ynadi: — To‘g‘ri aytasizmi? — To‘g‘ri aytaman! — Mana bo‘lmasa, — dedi Kumush. Otabekning ikkinchi yuzini ham silagandek qilib qo‘ydi. Yana kulimsirashib, termulishib qoldilar... — Biravning g‘amida kuyib qaridim, — dedi Kumush. — Bekor aytasiz... Meni aytsangiz to‘g‘ri. — Siznimi? — dedi Kumush. — Siz endi qirchillabsiz! — To‘g‘ri gapirmadingiz. — To‘g‘ri gapirdim. — Ammo siz... — Men? — Keyin aytaman... Kumush o‘pkaladi: — Ayting hozir, — dedi va jodu ko‘zini allaqanday holatka qo‘ydi. Otabek javob o‘rnida Kumushning yuzidan o‘pdi... Kumush o‘zini qutqazib o‘rnidan turdi. — Yaxshi qoling endi. Otabek tushunolmay unga qaradi: — Nima bo‘ldi sizga, qayoqqa borasiz? — Marg‘ilong‘a... — Bu kun kech bo‘lib qoldi, ertaga ketarsiz. Kumush kulib Otabekning yuziga urdi: — Bizning ovloqda ko‘rishkanimizni, — dedi, — oyim va Hasanali otamdan boshqa hech kim bilmaydir, ayniqsa Zaynabingiz bilsa yaxshi emas. — Bilsa nima qiladir? — Hech narsa qilmaydir... Yaxshi emas-da,— dedi,— bir ozdan keyin chiqib oyim bilan so‘rashing, kirmaganingiz uchun qayin onalaringiz so‘yinishib o‘layotiptilar. Kumush yana bir kulib qarag‘andan keyin uydan chiqdi. Otabek endi tamom o‘zini bosib olgan, endigi yurak urishi faqat haligi farishta tomong‘a oshiqibqina edi. O‘zi yolg‘iz qolg‘andan so‘ng nimaga bo‘lsa iljaydi va Hasanaliga ilgarigidan ham quyuqroq o‘zida muhabbat sezdi. Shu daqiqadan boshlab kechiradirgan mas’ud kunlarini tasavvurdan ojiz va Zaynab to‘g‘risida o‘ylab ham qaramas, boshqa gap esiga-da kelmas edi. Oradan Kumushning uyga kirib olishi fursat o‘tkandan keyin, uydan chiqdi va parvosizcha mehmonlar o‘lturgan uyga bordi. Uning kelishini o‘z uyidan ko‘rgan Zaynab yugirgancha Otabek orqasidan mehmonlar oldig‘a kirdi. Uydagilar Otabek-ni ko‘rish ila o‘rinlaridan turganlar, faqat O‘zbek oyim «hap» etkancha o‘lturar edi. Otabek Oftob oyim bilan ko‘rishdi... Oftob oyim uni quchoqlab yuzidan o‘pdi va ko‘ziga yosh oldi... So‘ngra kichkina qayin onasi bilan, Zaynabning opasi va boshqalar bilan so‘rashib chiqdi va kulimsiragan holda Kumushka «esonmisiz...» deb qo‘ydi. Kumush ham «shukur» deb kulindi. So‘rashish tamom bo‘lg‘andan keyin o‘lturishdilar. Otabek onasining yonig‘a, Zaynab uning yonig‘a o‘lturdilar. Kumush Zaynabning bu qilig‘ig‘a g‘ijinib bir-ikki qayta yer ostidan unga ko‘z yubordi. Fotiha o‘qulib kuyav qayin onag‘a uzr aytdi: — Avvalo sizlar kelguncha qaytarman, deb ertalab bir gunoh qildim. Undan keyin mehmonxonadan qo‘zg‘alolmay ikkinchi uyatka qoldim... Oftob oyim: — Bolamiznikini aybi yo‘q. O‘zbek oyim: — Qimiz kirguzib qayin onangning og‘zini ho‘l-lamag‘aningda nax balog‘a qolib eding, bolam. Kulishdilar. Karima otin: — Kumushoy bo‘lsa, sen erimni yashirg‘ansan, deb Zaynabning engka-tengkasini chiqardi. Yana kulgu bir-biriga elashdi. Zaynabning boyag‘i ishiga Kumushning g‘ashi kelganini aytilmasa, hozir ul ham juda ochilg‘an, kular va yer ostidan Otabekka ko‘z qirini tashlar, Zaynab bo‘lsa Kumushni ta’qib etar edi. Majliska bir oz jimjitlik kirgandan so‘ng Otabek ham o‘z tomonidan bir kulgu to‘qumoqchi bo‘lib, Zaynab bilan Kumushka qarab oldi: — Men bir ishka hayronman, — dedi. — Nimaga? — deb so‘radi Mohira oyim. — Nega Zaynab semizu Kumush ozg‘in?! O‘zbek oyim javoblandi: — Buning hikmatini mendan so‘ra, bolam, — dedi,— Kumushing o‘zingga o‘xshash serfikr ko‘rinadir, Zaynab bo‘lsa menga o‘xshash quvnoq. Otabekni o‘ziga o‘xshatqani uchun Kumush qayin onasidan rozi bo‘ldi. Ammo Zaynab o‘zini Otabekdan chetka qoqqani uchun O‘zbek oyimga g‘ijindi. O‘zbek oyimning bu fikriga Karima otin qarshi tushdi: — Yanglishdingiz, oyi, — dedi, — bundagi farqni Yusuf-Zulayho qissalarini o‘qug‘an kishi biladir... Uch oy degan fursat ozg‘ina vaqt emas, Kumush xonimning ozg‘ani sog‘inishniki! Karima otin qosh qo‘yaman, deb ko‘z chiqarayozdi. Ya’ni Otabek bilan Kumushni Yusuf-Zulayxoga o‘xsha-tib, Zaynab va qarindoshlarini o‘t ichiga tashlag‘an edi. — O‘zbek oyimniki to‘g‘ri, — dedi Mohira oyim, — Zaynab quvnoq, Kumushnisa manim ko‘zimga ham serfikrga o‘xshab ko‘rinadirlar... — To‘g‘ri-to‘g‘ri, — dedi Xushro‘y. Kumush bilan Oftob oyim oradan kechkan sirga tushunib jim o‘lturar edilar. Kumush yer ostidan Otabekka rizosizcha ko‘z tashladi. — To‘xtanglar-chi, — dedi Otabek, hamma unga qaradilar, — hech qaysilaringiz ham topolmadingiz. — Topolmag‘an bo‘lsaq o‘zingiz ayting! — dedi Sharofat chevar. — O‘zlaringiz topolmag‘andan keyin men aytib nima qilay? — Men topdim, xax shayton! — dedi Karima otin, — qizil gulning ham o‘z oldig‘a, oq gulning ham o‘z oldig‘a isi bor, demakchi! Hamma birdan kulishib: — Xudda-xudda! — deyishdilar. Otabek kulib o‘rnidan turdi va «topolmadingiz, topolmadingiz» degancha uydan chiqdi. Kumush bilan Oftob oyimning ko‘nggillari birdek bo‘lsa ham bu kashfdan keyin Zaynab bilan Mohira oyim ancha yengillashdilar. Bu qiy-chuv orqasidan mehmonlarga quyuq-suyuq berildi. O'tkan kunlar — 51. Kumushning so'z o'yuni Shomga yaqin mehmonlar tarqalishdilar. Mehmon-xonada hoji, qutidor, Hasanali va Otabek qolg‘an edilar. Ichkarida O‘zbek oyim mehmonlarni kuzatib bo‘lib, Kumush bilan onasidan ho‘ppak olar edi. — Men sizlardan juda xafa bo‘lg‘an edim. Sizlarni churuk lattaga tugib, tokchag‘a tashlash darajasiga yetgan edim. Nahotki uch yil bo‘lsayu — bir yo‘li o‘z bilgularingizcha kelmasalaringiz. O‘g‘lim bechora oy o‘tmasdan bo‘zchining mokisidek qatnab tursa... Axir manim ham o‘zimga yarasha obro‘m bor. Toshkandda kimsan, Yusufbek hoji deganing ko‘chiman. Xudoyorxon ham bir kun kechasi kelib bizga mehmon bo‘ldilar... Qushbegining uy ichlari bo‘lsa, bir ishni manim kengashimsiz qilmaydirlar... Shuncha obro‘ ko‘rgan bir kishi kelib-kelib nahotki o‘z qudasidan va kelinidan munchalik obro‘sizlik ko‘rsa... Shahardagi kattadan kichik ertayu kech quloq-miyamni yeydirki, hoy, marg‘ilonliq keliningiz keldilarmi, nega shundog‘ keliningiz bo‘laturib Marg‘ilong‘a tashlab qo‘yibsiz? Men bo‘lsam hech so‘z topolmag‘animdan aytaman: — Kelinimning onasi kasal emish... Ikkinchi vaqtda: — Kelinim bechora munglug‘... deyman. Endi ko‘rsam miltiqning o‘qidek, pushti gulning to‘qidek kelinim bor ekan... Men bu adabsizga tag‘in o‘zim o‘lturgan uyimni bo‘shatib beribman-a, — der edi. O‘zbek oyimning dali-g‘ulilig‘idan Oftob oyim va Kumush unga juda o‘zlashib olg‘anlar, uning so‘ziga goh kulib, goh uzr aytar edilar. Hozir uyda Otabek bo‘lmag‘ani uchunmi, nimadan bo‘lsa ham har nuchuk Zaynab o‘z uyida kuymalanishib yotar va mehmonlarni O‘zbek oyimning tanho o‘ziga tashlag‘an edi. Tokchalarga sham’lar yoqilib, vaqt xuftanga yaqinlashib qolg‘andan so‘ng uyga Otabek kirdi. Ul kirgandan keyin Oftob oyim bilan O‘zbek oyim ular oldida o‘ltirishni eb bilmadilar-da, sirlashish uchun boshqa uyga chiqib ketdilar. Ularning chiqib ketishini kutib turg‘andek, qo‘lig‘a bir choydish choy ko‘targani holda Zaynab kirdi va Otabekdan choy ichib, ichmasini so‘radi. Otabek ichmayman, deb javob bergan edi, Kumush orag‘a tushdi. — Men ichaman, o‘zingiz ham o‘lturing. Zaynab uncha qistatmadi, o‘lturib Kumushka choy quyib bera boshladi. Kumush uni so‘zga solib so‘radi: — Manim balo-qazodek yetib kelishim uchun xafa bo‘lgandirsiz? Zaynab Otabekka qarab oldi: — Nega xafa bo‘lay, — dedi, — siz kelmaganingizda ham o‘zlari borar edilar... — Bormas edilar! — dedi Kumush, — men bilan urishib kelgan edilar... Otabek Kumushka yer ostidan kulib qaradi, Kumush ham kulib javob berdi. — Shu kishi birav bilan urishadirlarmi? — dedi Zaynab, — ikki yildan beri menga bir og‘iz qattig‘ so‘z aytkanlarini bilmayman... — To‘g‘ri aytasiz, — dedi Kumush, — bu kishi emas, men urishkan edim... Bu kishida sira gunoh yo‘q va arazimizga bir to‘ng‘uz sababchi bo‘lg‘an edi. — Kim balo ekan ul? — dedi Zaynab. — Bizning shaharning eng yaramasi, — dedi Kumush va Otabekdan so‘radi, — siz eshitdingizmi, yaqinda o‘shani bir bek o‘ldiribdir? Otabek kulimsiradi: — Eshitdim... — O‘sha bekning haqiga eshitkan kunimdan beri duo qilib kelaman... Zaynab so‘radi: — Sizlarda qanday dushmanlig‘i bor ekan? Otabek «endi nima deysan» degandek qilib Kumushka qaradi. Kumush bo‘lsa parvosiz javob berdi: — O‘sha to‘ng‘iz uylanmakchi bo‘lib manim bir o‘rtog‘img‘a sovchi qo‘yib yurar edi... Men ersa o‘rtog‘imni unga tegishdan aynatkan edim. Aynatishim halig‘i to‘ng‘uzning qulog‘ig‘a yetib meni bu kishiga chaqibdir. Bu kishi bo‘lsa, nega biravni o‘rtasig‘a tushasan, deb mendan xafa bo‘ldilar... «Bu kishi» Kumushning yolg‘on uyushdirishidan kuldi, Zaynab ersa erini oqlab tushdi: — Ayb sizda ekan, — dedi, — siz ham nega birav-ning o‘rtasig‘a tushasiz? — Ayb mendalikka menda, — dedi Kumush va Otabekka qaradi. — Nafsilamrga qarag‘anda ayb bizning oramizg‘a cho‘p bo‘lib tushkan xolamning qizi Zaynabda, shundog‘ emasmi? — deb so‘radi. Otabek sachrab Kumushka yuz o‘girdi: — Bu o‘rtag‘a Zaynabni nimaga kelturib tiqasiz, endi? Kumush kuldi va eski holini buzmadi: — Siz hovliqmang, bek, — dedi, — tunovi kun xolamnikiga borg‘an edim, xolam qizi Zaynabdan shikoyat qilib hamma gapni Homid cho‘chqaning qulog‘ig‘a yetkizguchi o‘z qizi Zaynab gumbaz bo‘lg‘anini birma-bir aytib berdi, bildingizmi? Otabek zo‘rg‘a-zo‘rg‘a xaxolashdan o‘zini tutib qol-di: — Nima bo‘lg‘anda ham ayb sizda, nega boshda o‘zingiz bu ishka aralashdingiz, axir? — dedi. Zaynab: — O‘zingizning aralashishingiz chakki-da, — deb qo‘ydi. Kumush jiddiy tus oldi: — Siz aytkandek Zaynab gumbazda ham ayb yo‘q, menga qolsa hamma gunoh bek otam bilan xon oyimda,— dedi. — Orzu-havaslik joyni qidirmasdan qizlarini bir kishiga berib qo‘ya qolsalar — albatta bu savdolar yo‘q edi... Nahotki ikki yildan beri necha bechorani zir qatnatib ovora qilsalar, Toshkand qishlog‘i bilan Marg‘ilonning orasi ozg‘ina yo‘lmi, axir? Otabek xaxolab yubordi: — Hamon aybni o‘z bo‘yningizga olmaysiz, astag‘-firulloh... Zaynab Kumushdan: — Bek otangiz bilan xon oyingiz kim? — Haligi men aytkan o‘rtog‘imning ota-onalari... Orzu-havas qidirib bechora qizlarini qaritib qo‘ydilar. — Nega siz tayyor kuyavdan o‘rtog‘ingizni aynatdingiz? — Davlati bo‘lsa ham o‘zi teri namoyish edi... Kishi davlat uchun erga tekkandan yerga teksin... — Albatta, — dedi Zaynab. Otabek Kumushning so‘z o‘yuniga ajablanar va xoy shayton, degandek unga qarar edi. Kumush yana tinchiy olmadi: — Bizning urishib qolishimiz uchun Karim sandiqchining ham daxli bor, — dedi. Otabek jo‘rttaga so‘radi: — Qanday daxli bo‘lsin. Sizga qolsa, butun shahar daxldor ekan-da? — Shoshmang jonim, — dedi Kumush, — nega o‘ylamay-netmay eshigiga bosh urib kelgan bir yigitni quvlab soladir? — Astag‘firulloh... uning quvlanishig‘a ham Homid sabab bo‘lg‘an. Homidning yomonlig‘ig‘a ersa siz sabab bo‘lg‘ansiz... Zaynab nimadir so‘ramoqchi bo‘lg‘an edi, Kumush unga yo‘l bermadi. — U ham emas, bu ham emas, — dedi, — hammasi xudoning taqdiri. Otabek: — Ana endi to‘g‘ri aytdingiz. Kumush: — Ikki o‘rtada dum qidirib quloqdan ham ajralg‘an puchuq oyimning holi ham xudoning taqdiri! Otabek kuldi. Zaynab keyingi so‘zlarga tushuna olmag‘an, shunga ko‘ra Kumushdan izohlar olmoqchi edi. Kumush unga izohlar uyushdirishni xohlamag‘anliqdan so‘zni chetka chalg‘itib yubordi: — Necha yoshqa kirdingiz, Zaynab opa? — O‘n to‘qquzg‘a shekillik. — Hali siz bola ekansiz, — dedi Kumush. — Siz nechaga kirdingiz? — Meni so‘ramang, men endi qarib qoldim... Zaynab unga hasadlanib qaradi va kuchlanib aytdi: — Hali yoshqa o‘xshaysiz-ku. — Necha yoshqa kirgan deb o‘ylaysiz? Zaynab Kumushning to‘lib yetmagan gavdasiga va o‘n olti yoshlar chamaliq g‘ubor tegmagan husniga hayron bo‘lib, mulohazasini aytishdan qo‘rqdi. Zaynabka qolsa ehtimolki Kumush o‘zidan ham yosh chiqar edi. — Men qayoqdan bilay... — Yigirmaga kirdim. — Mendan bir yosh katta ekansiz. — Sizdan albatta kattaman, — dedi Kumush. Kumushning «albatta kattaman» degan so‘zini Otabek ichidan tasdiqladi, uning husndagina emas, aqlda va boshqada Zaynabdan necha barobar yuqorida ekanini o‘yladi. Orag‘a bir necha daqiqaliq so‘zsizlik kirdi. Otabek yer ostidan Kumushka nigoh tashlar, Zaynab gilamning popugini chirmab nimaningdir xayolini surar, Kumush bo‘lsa hech kimga ham qaramay mudrag‘an sumol o‘lturar edi. Kumushni bu holda ko‘rib Otabekning yuragi achidi... — Yo‘lda charchag‘an ko‘rinasiz, Kumush. Zaynab gilamdan ko‘zini oldi, Kumush mudrashdan cho‘chidi... — Qaydam... — Biz ketaylik, siz tinchib uxlang, — dedi Otabek. — Mayli... Xuftanni ham o‘quy olmaydirg‘an o‘xshayman. — Zarari yo‘q, — dedi, — yolg‘iz qo‘rqmaysizmi... Yoningizda Zaynab yotsinmi? — Zaynabnisa siz bilan yotsin... Men yolg‘izliqg‘a o‘rganganman... — Onangizni chaqirib beraylik bo‘lmasa. — Rahmat. — Yolg‘iz yotib qolgangizni ayniqsa oyim eshitsa... — Siz bilan Zaynabnisa yolg‘iz yotib qolg‘animni aytmasangiz, hech kim bilmaydir... O‘rin o‘shami? Zaynab nimagadir juda ham quvonib ketdi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, Kumushni o‘rin yozishg‘a qo‘ymay o‘zi par to‘shakni olib yerga soldi. Kumush mudrag‘an ko‘yi Zaynabka tashakkur aytib to‘rdagi burchakka o‘lturib oldi. Otabek berigi burchakdan turib uni qo‘li bilan yanar va kulimsirab xo‘mrayar edi. Kumush mudrag‘an ko‘yi, suzilgan ko‘yi iljayib javob berar edi... O‘rnini solib bitirgandan keyin, Zaynab qanoatlanib uydan chiqmoqchi bo‘lg‘an edi, uni Kumush to‘xtatdi: — Zaynabnisa, — dedi, Zaynab qaradi, — bu kishini tashqarig‘a chiqib yotishg‘a qo‘ymang, tuzikmi? — Nimaga? — Nimagaki, dadamning ko‘ngliga gap keladir. — Xo‘b, — dedi Zaynab va eshitdingmi degandek qilib eriga qarab olg‘andan keyin uydan chiqdi. Uning keticha Kumush Otabekka qattig‘ qilib aytdi: — Qani, siz ham uyingizga!.. Zaynab juda ishong‘an holda o‘z uyiga borib yetdi. — Chindan aytib yotibman, eshitasizmi? Otabek o‘zini g‘aflatka solib Kumushning yonig‘a bordi: — Siz... — Men? — Siz quvsiz... — Men quv emasman, — dedi kulib Kumush, — men hali urushig‘liq holdaman, yarashqanim yo‘q. — Boya nimalarni so‘zladingiz, sir ochiladimi, deb jonim bo‘g‘zimg‘a keldi. — Nega sir ochilsin? — dedi, — men siz bilan o‘tkan ishlar haqida so‘zlashmoqchi bo‘lib turar edim — o‘zi jo‘rttaga kirib keldi. Men ham so‘zimni to‘xtatmay jo‘rttaga boshqa yo‘lda aytib chiqdim. Nima, bir narsa payqadimi? — Payqamadi-ku... Shundog‘ bo‘lsa ham men juda qo‘rqdim. — Hali shu yuragingiz bilan uch kishini o‘ldirdingizmi, men ishonmayman, — dedi Kumush va Otabekning xanjar tekkan qo‘lining chizig‘ig‘a ko‘zi tushdi. — Pichoq yomon kesipti... Chumchuq so‘ydingizmi? Qani chiqing, men yotaman. — Yota beringiz. — Sizning oldingizda yeshinaymi? — Uyalsangiz men yuzimni o‘girib turay, — dedi va yuzini chetka burdi. — Qaramang bo‘lmasa, — dedi Kumush yeshinar ekan, — «bo‘lg‘ani yo‘q, bo‘lg‘ani yo‘q» degan so‘zni besh-olti qayta takrorladi va o‘ringa kirib olg‘andan keyin ham «bo‘lg‘ani yo‘q, bo‘lg‘ani yo‘q» deb kular edi. Otabek nihoyatsiz «bo‘lg‘ani yo‘q» dan zerikib qaradi: — Aldamchi. — Bu aldashlar — aldash emas, siz hali qarab turing, qochqoq. — Aniq qo‘rqmaysizmi yolg‘iz? — Nega qo‘rqay, ikki yil yolg‘iz yotib, endi juda o‘rgandim... Ehtimol siz yolg‘izliqdan qo‘rqarsiz. — Kinoyangiz... — Bu kinoya emas, to‘g‘ri so‘zim, — dedi Kumush,— men bu holda yolg‘iz ham emasman... — Bu nima degan so‘zingiz tag‘in? — Ya’ni hamrohim bor, deganim — mendan qo‘rqmang, deganim... Otabek yana tushunmadi... — Hamrohingiz... — Hamrohimmi? — dedi Kumush, — hamrohim biravning xayoli, biravning fikri. Bas, bundan ham yaxshi rafiq bormi? Ba’zi vaqtlarda bu yo‘ldosh uyqudan ham shirin. Otabek «hamroh»ga tushundi va yotib Kumushning yuzidan o‘pdi: — Lekin men bu so‘zingizga ishonmayman. — Nega ishonmaysiz? — Negaki, siz anovi... kechasi hamrohsiz edingiz... Pish-pish uxlar edingiz... Kumush Otabekning yelkasiga qo‘lini tashladi: — O‘shal vaqtlarda hamrohsiz uxlag‘anim to‘g‘ri, — dedi, — chunki biravlardan butunlay umidim kesilgan, hamrohim menga hamisha umidsizlikgina berar, dahshatimnigina ortdirar edi. Ammo o‘sha kunlarda uyqu menga juda shirin bir narsa bo‘lib qolg‘an, men uyqudag‘ina biravlarni ko‘rar va kunduzlari ham uyqu qidirar edim. Endi bo‘lsa yana yo‘ldoshim xayol... Tag‘in nima deysiz? — Hech narsa demayman... Lekin siz ikki yil burung‘i Kumush emassiz. Kumush ko‘rpaga burkanib oldi: — Chiqing... uyqum keldi. Otabek zo‘rg‘agina o‘rnidan turdi... Ul uzog‘lash-qandan keyin Kumush sekingina yuzidan ko‘rpani oldi va mudroq ko‘zlari bilan Otabekka kulimsirab qaradi. Otabek havlidag‘i oyog‘ tovshini eshitib, tokchadag‘i sham’lardan uchtasini o‘chirg‘an edi, darichadan Zaynab ko‘rindi: «Hali ham shu yerda ekansiz, men sizni tashqarig‘a chiqg‘ansiz, deb o‘ylabman...» dedi. Otabek javob bermay qolg‘an sham’larni o‘chirdi. Zaynabning «hali ham shu yerda...» so‘zi bilan Kumushning ko‘zi uyqudan ochilib ketkan edi... Otabek eshikni yopib chiqdi. O'tkan kunlar — 52. Kundash - kundashdir Kumush qayin otasi bilan qayin onasiga uch-to‘rt kunning ichidayoq o‘zini ko‘rsatib qo‘ydi, shirin va aqllik muomalalari bilan ularni o‘ziga maftun qildi. Yusufbek hoji «bu odam farzandi emas — farishta» der, orada Zaynab bo‘lmasa «farishta», deb atamoqqa ham hozir edi. O‘zbek oyim bo‘lsa eski kina va adovatlarni qaytib kelmas dunyosiga jo‘natdi. Tevarakdan marg‘ilonliq, kelinni ko‘rish uchun kelguchi xotinlarg‘a muomalani yana ham yuqoriroqdan turib qila boshladi. Har bir «keliningiz ajabmi?» deb Kumushka suqlang‘uchi xotinlarg‘a, «Manim chin kelinim Marg‘ilonda edi-da!» der edi. Goho O‘zbek oyimning o‘zi ham Kumushning husniga va muomalasiga ajablana boshlar, hojini ovlog‘roqda uchratib qolsa, «alhazar, o‘g‘lingizdan — uylangan xotinini qarang», deb qo‘yar, hoji bo‘lsa, «o‘zing bilgan sihrchi hindi sening ham boshingni aylantiribdir...» deb iljayganda, O‘zbek oyim «rost, bu kelinning husnidan ham boshqa yana tag‘in bir alohida xosiyati borg‘a o‘xshaydir!» deb kular edi. Kumush o‘zini ko‘rgan kelguchi xotinlardan ko‘proq olqish olsa (albatta oshkora emas), xotinlarning jo‘nashi bilanoq darrov O‘zbek oyim Oybodoqdan isiriq tutatdirib avval Kumushka, undan keyin ko‘ngli qolmasin, deb Zaynabka soldirar, agar Otabek ko‘rinib qolsa, uni ham quruq qoldirmas edi. Egasini siylag‘an itiga suyak tashlar, qabilidan qizlari tufayli qutidor va Oftob oyimlar ham juda yaxshi izzat ko‘rar edilar. Qutidor kelganidan beri bir soat ham uyda bekor qolmay, har kun Yusufbek hojining muxlislaridan birining uyida mehmon va hojining suhbatidan mamnun edi. Oftob oyimni bo‘lsa O‘zbek oyim o‘tqizg‘ali joy topmas, quda so‘zi o‘rniga — singlim deb xitob qilar, oshni ham uning ra’yini so‘ramasdan buyurmas edi. Kelganlarining o‘n beshinchi kunigacha shaharning kazo va kazo xotinlarini qabul qilib o‘tkardilar. Ya’ni Oftob oyim Toshkandning yuz boshi oyimidan tortib, ponsadboshi, qo‘rboshi to o‘rda oyimlarig‘acha tanishib oldi va ularning har birlaridan kutilmagan darajada izzat, hurmat ko‘rdi. Bu oyimlarning har birlaridan — «albatta biznikiga mehmon bo‘lmasdan ketmaysiz, egachi degan takliflar ham hisobsiz edi. O‘zbek oyimning lozim topishicha, bu takliflardan faqat o‘n chog‘lug‘i ijobat etiladirgan bo‘lib va birinchi martaba Normuhammad qushbegining xotini Sorabek oyimnikiga, ya’ni o‘rdaga borilmoqchi edi. O‘n oltinchi kun mehmon oyog‘i tovsillanib, O‘zbek oyim Sorabek oyimga o‘zlarining borishlaridan xabar yubordi va Hasanaliga aravani qo‘shmoqqa buyurdi. O‘rda oyimlarining turmushlarini ko‘rmagani uchun Kumushning ham ular bilan birga borg‘usi keldi va ertalab choy ustida Zaynab tilga kelturib, «Zaynabingiz ham boradimi» deb so‘rag‘anida, O‘zbek oyim: «Zaynab bir martaba borish bo‘lsa borg‘an», deb javob berdi. — Men-chi? — Sen ham bormaysan. Kumushning ma’yuslanib qilg‘an sukutidan keyin, O‘zbek oyim mundog‘ izoh berib chiqdi: — Sen Toshkanddagi Yusufbek hojining kelini bo‘lasan, bolam! Chorlamag‘an joyga borish uchun se-ning kafshing ko‘chada qolg‘an emas, — dedi. Otabek qayoqqadir ot minib ketgan edi. Yusufbek hoji bilan qutidor Solihbek oxundning Ko‘kaldosh hujrasiga mehmon bo‘lib ketganlar. Faqat bu kun uyda qoladirg‘anlar — Kumush, Zaynab va Oybodoq edilar. O‘zbek oyim yo‘lakkacha kuzatib chiqg‘an Kumush bilan Zaynabka qarab arava yonidan kuldi: — Ikki kundash uyni xoli topib tag‘in yulishmanglar! Oybodoq, sen kundashlardan xabarsiz qolma! Oftob oyim aravaga minar ekan: — Xudoy saqlasin, oyi! Shukur, ikkalasining ham aql-hushi boshida! — dedi. — Bular kundash emas — egachi-singil-ku! — dedi otning jilovidan ushlab Hasanali. — Meni tashlab ketkaningiz alamini Zaynabdan olmasam kimdan olay, — dedi kulib Kumush va darbozaning halqasi bilan o‘ynar ekan: — a, yulishamizmi?— deb Zaynabdan so‘radi. Zaynab javob bermadi. O‘zbek oyim Oybodoqqa ba’zi ta’limotlarni bergandan keyin kelinlariga: — Tushda issig‘siz qolmanglar! — dedi. Arava qo‘zg‘aldi. Zaynab ilgariroq, Kumush keyinroq ichkariga qaytib kirdilar. Kundashining so‘zsiz, nesiz o‘z uyiga kirib ketkani uchun o‘ylanib, bir oz havli yuzida to‘xtadi, so‘ngra bu ham o‘z uyiga burildi. Kundan-kunga Zaynabning susayib, o‘ziga begonalashib borg‘anini ul yaxshi onglar edi. Bu kun bo‘lsa o‘ynab aytkan so‘zi javobsiz ham qoldirilib, bu hol yana uning miyasini qotirdi. Ko‘nglida bir xiralik bilan borib daricha yonig‘a o‘ltirdi. Zaynabning hasadini qo‘zg‘ atmas uchun Otabek bilan muomalada qilg‘an ehtiyotlari zarracha foyda bermaganiga hayron, endi qaysi yo‘sunda mirosani sozlash yo‘llarini o‘ylar edi. O‘n besh kun ichidayoq buncha keskinlashkan Zaynabning ichki adovatining bir oyda qaysi darajalarga borib yetishini o‘ylar va mirosa bu holda ketgan taqdirda bu uyda uzoq qola olmasini fahmlar edi. Lekin bu uydan chiqib ketishni, bir-ikki oylab Otabekni Zaynab qo‘lig‘a topshirib qo‘yishni yana muvofiq ko‘rmas, ya’ni Kumushda ham bir qizg‘anchiqlik hissi uyg‘ong‘an... Fikri shu yerga yetkanda qaysi kunidir Otabekning Zaynabka boshqacharoq qilib kulib qarag‘ani va Zaynabning shu vaqtdag‘i oydek jozibalik to‘la yuzi ko‘ringandek bo‘ldi... Bu ko‘rinishdan so‘ng ul sakrab o‘rnidan turdi-da, tokchadag‘i oynani oldi va o‘ziga qaradi... Ma’lumki, kishi oynaga boqqanda nechog‘liq aybsiz bo‘lsa ham o‘zini bir kamchiligi orqaliq ko‘radir. Shunga o‘xshash bir qarashda Kumush ham o‘z-o‘zidan rozi qolmadi. Shahlo ko‘zlar, o‘siq jinggila kipraklar, qunduz qosh va qora xollar va boshqa latofatlar o‘ziga pisand bo‘lmadilar... O‘zini Zaynabka qarag‘anda siqiq, yosh, bolasifat ko‘rdi... Oynani tokchag‘a qo‘yib Zaynabka chinlab hasadlangan holda kelib boyag‘i o‘rniga o‘lturdi. Anchagina o‘ylab o‘lturg‘andan keyin ko‘ngliga «u meni suysa bo‘ldi-da», degan gap keldi... O‘zining bu hukmiga rozi bo‘lmadi, go‘yo o‘zining suyilishi bir necha oyliqqag‘ina o‘xshar, Zaynabning to‘lg‘an oydek yuzi bu suyilishka shu besh-o‘n kunning ichidayoq xotima beraturg‘andek ko‘rinar edi. Shu ko‘rinish orasida Zaynabni yana o‘z ko‘zidan yaxshilab o‘tkarmakka va uning husn kuchini sinamoqqa qaror berib o‘rnidan turdi... Kumush kirganda Zaynab daricha yonida to‘ppi tikib o‘lturar edi. — Oyim aytkandek, — dedi kulib Kumush, — siz bilan yulishqali keldim. Zaynab to‘ppisini qo‘yib o‘rnidan turdi: — Men ham oldingizg‘a chiqaymi, deb turg‘an edim... Kumush istehzo bilan kuldi: — To‘ppi tikib o‘lturibsiz-ku, manim oldimg‘a chiqarmidingiz, barakalla sizga, — dedi. Zaynab bir sabab ko‘rsatalmay o‘ngg‘aysiz holda qoldi. Darhaqiqat, uning bu ishi ochiqdan-ochiq bolalarcha ketgan edi. Kumush uni o‘ngg‘aysiz holdan chiqarish uchun tikilgan to‘ppini yerdan olib ko‘rgan bo‘ldi. — Chokni yaxshi tikar ekansiz, kimga? — Biravga atag‘anim yo‘q, axir bittasi kiyar... O‘ltu-ring. Ikki kundash qarshima-qarshi o‘ltirishdilar. Kumush unga tikilib-tikilib qarar edi... Zaynab boyag‘i o‘ng-g‘aysizliqdan hali chiqib yetmagan, qizarinqirab yerga boqqan edi. Bir-ikki daqiqani so‘zsiz kechirdilar. — Chiqmag‘animni ham ko‘nglingizga olibsiz-da, — dedi nihoyat Zaynab. — Nega ko‘nglimga olay, men yosh bolamanmi, — dedi,— kelganimga o‘n besh kun bo‘lmasdan o‘zingizni chetka tortib boshladingiz... Men siz bilan egachi-singil bo‘larmiz, deb o‘ylag‘an edim... — Hali nima bo‘libmiz... Arzimagan gapni ham ko‘nglingizga olabersangiz... — Bu arzimagan gapmi? — dedi Kumush, — uyda hech kim yo‘qlig‘ini bilaturib o‘zingizni chetka tortasiz... Bu esa yuzingni ko‘rishga toqatim yo‘q deganingiz bo‘ladir. — Qo‘ying-chi... O‘zingiz har bir narsani ham ko‘ng-lingizga olaberar ekansiz... men unaqa emasman... Boshlanishda anchayin hazilga o‘xshab ko‘ringan bu kinaxonliq kutilmagan joyda bir tus olib ketdi. Kumush o‘n besh kunlardan beri yig‘ilib kelgan achchig‘ini bir varakay to‘kib soldi: — Men ko‘nglimga olsam arziydirganini bilib olaman, — dedi. — Oldingizg‘a chiqmag‘anim yuzingizni ko‘rmaslik uchun bo‘lg‘anini siz qayoqdan bildingiz, manim ichimga kirib chiqmag‘andirsiz-ku, axir? Zaynab ham ancha qizishib oldi. Kumush undan ham oshib tushdi: — Bilish uchun ichingizga kirib chiqishim shart emas... Ba’zi ishlaringiz ichingizdagini menga ochiq so‘zlaydir. — Qaysi ishlarim? — So‘ramang... — Bilmagan bo‘lsam bildirib qo‘ying, axir. — Aytsam yana achchig‘ingiz qistaydir... — To‘g‘ri gap bo‘lsa achchig‘im sira qistamaydir... Yaqinroqda yumish qilib yurgan Oybodoq eshitmasin uchun sekinroq tovushda: — Qistamasa aytay, — dedi Kumush, — eringiz manim oldimg‘a kirsa, nega ishingiz bo‘lsa-bo‘lmasa kirib o‘ltirib olasiz-da, yolg‘iz qolg‘animda kirmaysiz? — Shundog‘ deyarsiz, deb turg‘an edim o‘zim ham— dedi Zaynab,— kirishimni ham ko‘nglingizga olg‘an bo‘lsangiz, endi mundan so‘ng kirmaganim bo‘lsin. — Qani, to‘g‘ri gapka achchig‘ingizning qis-ta-mag‘ani? — Axir, eringiz bilan yolg‘iz o‘ltirg‘aningizda mundan so‘ng kirmayin deyapman-ku. — Egrilikka olmang, Zaynab, — dedi Kumush, — men bu gapni yonimda erim bo‘lg‘anda kirma, deb aytmadim, balki boyag‘i so‘zimning isboti uchun aytdim... Bu o‘rinda ikkisi ham jim bo‘ldilar. Oybodoq darichaga kelgan edi: — Tushlik osh vaqti bo‘ldimi, nima tomoq qilsamikin? Kumush Zaynabka qaradi: — Nima tomoq buyuramiz? — Sizdan so‘rayapti... — Zaynabnisa yaxshi ko‘rgan tomoqni qilingiz, — dedi Kumush. — Lag‘mon qilaymi? — deb Oybodoq Zaynabka qaradi. — Tomoqqa ishtihom yo‘q, o‘zingiz bilganingizcha qilabering. Oybodoq ketdi. Uning keti bilan Zaynab «tavba» deb qo‘ydi. — Tavba demang, Zaynab... Bu gaplar ayniqsa siz bilan menga kelishmasa ham azbaroyi meni yolg‘iz tashlab qo‘yg‘aningizdan aytdim... men sizning uyingizga butun umrga kelgan emasman... Atigi uch-to‘rt kun qayin ota, qayin onalarimni ko‘rib ketish uchungina kelganman. Shunchalikka bir-biravimizdan chetlashib, ming‘ayishib yurishimiz kishiga og‘ir kelar ekan. Kumushning «uch-to‘rt kuni...» bilan Zaynab yo-rishib ketgandek bo‘ldi: — Voy o‘lay, Kumush opa, — dedi Zaynab bo‘shashqan ohangda, — chindan ham ko‘nglingizga olibsiz deyman. Ko‘nglimda tariqdek yomonlig‘im bo‘lsa, ertagacha yetmayin. «Ketish» so‘zini eshitib ond ichib boshlag‘an Zay-nabka Kumush ichdan kulib qo‘ydi va «endi o‘lsam ham ketmay, sen qarab tur!» deb yandi. Shundan keyin oradan gap-so‘z to‘xtag‘andek bo‘ldi. Kumush tizzasini quchoqlab nimanidir xayolida, Zaynab bo‘lsa qatimini uzun tortib to‘ppisini tikar edi. Anchagina shu holatda qatim tortqandan so‘ng Zaynab sekingina qarshisidag‘i g‘ayri rasmiy yovg‘a yovlarcha qaradi. Uzoqqina qarab turg‘andan keyin o‘ziga ham sezdirmaslik qilib entikdi, yana uch-to‘rt qatim tortti... — Siz munchalik qo‘rqmasangiz ham bo‘lar edi... Kumush bir oz javobsiz qoldi va surilib devorga suyaldi: — Nimadan ham qo‘rqmasam bo‘lar edi? — Axir... jek ko‘rmasangiz ham... deyman-da... — Men kimni jek ko‘ribman? — Bilarsiz axir, kimni... — Uyat, Zaynab! — Sizniki ham uyat! Yana ikki kundash hujumga hozirlanishqan xo‘roz-lardek bir-birlarining ustlariga hurpayishdilar. — Nimam uyat? — deb so‘radi Kumush. — Men erim bilan o‘lturganda ustimga kirma, de-yishingiz albatta uyat. — Avvalo men bu so‘zni sizning haligi qilig‘ingizg‘a qarshi aytdim. Agar siz buni chinga hisoblag‘an bo‘lsangiz, men ham sizdan chinda so‘rayin: siz eringiz bilan o‘lturganda men ustingizga kirdimmi? Zaynab bu savolning javobiga qolg‘anda bir oz tutiliqdi. Chunki, Otabek Zaynab yonida bo‘lg‘anda Kumushning kirganini xotirlay olmadi. — Siz kirsangiz albatta ko‘kragingizdan itarmas edim, — dedi Zaynab. — O‘zingiz jek ko‘rganingiz uchun meni ham o‘zingizdek fahmlab kirmaysiz. — Kishini bo‘g‘asiz, Zaynab! Gapka temirchilik yaxshi emas! — Gapka temirchilikdan xudoy saqlasin, ota-bobom temirchi o‘tkan emas. — Kim sizga — otang temirchi deyapti? — Axir so‘zingizning sirasi shunga keladi-da... — Tavba, — deb kuldi Kumush, — jek ko‘rasan, deb bir aytasiz, o‘zingdek fahmlaysan, deb uzib ulaysiz, sen qo‘rqmasang ham bo‘ladi, deb tag‘in nina tiqasiz... Mana shuni gapka temirchi, deb aytadilar. — Rost-da axir, siz qo‘rqmasangiz ham... — So‘zlay bering. — Axir... Zaynab o‘zining xatosini ongli va gapuralmay g‘o‘ldiradi. Kumush esa buni sezib Zaynabning o‘z og‘zidan iqror etdirish ko‘yiga tushdi. — Men tushundim, — dedi, — sen qo‘rqmasang ham bo‘ladi ering seni yaxshi ko‘radi, demakchisiz. Zaynab ishini to‘xtatib bo‘zrayg‘ancha Kumushka qarab qoldi... Bu xatosini o‘nglash uchun esiga hech gap kelmas edi: — Axir... menga o‘xshash sizni ham ishondirib qo‘yg‘andirlar. — Sizni nimaga ishondirg‘anlar? — Axir... Men sensiz turolmayman, deb sizga ham aytkandirlar... — Hech. — Sizga aytmagan bo‘lsalar... menga yuz qaytalab aytadirlar... U kishini sizga ham shunaqalar, deb o‘ylabman... O‘zi aslo ishonmag‘an shuncha yolg‘on gaplarni boyag‘i dovdirash holatida ilhom ravishda to‘qib yubordi. Uning bu dovdir gaplari g‘alaba qozonmoqchi bo‘lg‘an Kumushni dovdiratti, boyag‘i oyna yonida tug‘ilgan shubhasi chinga chiqg‘andek bo‘ldi va muhokama xususiyatini yo‘qotdi. Zaynab to‘g‘ri aytadi, deb o‘yladi, agar uni yaxshi ko‘rmaganda Toshkandga kelishimni kutib o‘lturarmidi?.. Zaynab bu yolg‘onlash natijasidan qo‘rqib, o‘ngu ters ishiga yopishdi. Kumush moddiy hayotidan ayrilg‘an jonivordek bo‘shashdi. Oybodoq ona tarafidan ikki kundash o‘rtasig‘a qo‘yilgan tushlik bir necha vaqt sovib yotdi. Zaynabning qo‘rqa-pisa «oling, opa»sidan so‘ng ikki taraf ham lagandan chimchigan bo‘lishdilar-da, birin-sirin qo‘lni dasturxon chetiga artishdilar... Shundan birar soat keyin Otabek qaytib Zaynab tomondan qarshi olindi. Ust to‘nini yeshib Zaynabka bergandan so‘ng, qaysi uyga kirish to‘g‘risida havli yuzasida bir oz taradudlanib qoldi. Tevaragida g‘ildirlab yurgan Zaynabning uyiga kiraberish uchun Kumushning mulohazasini qilar, Kumushning oldig‘a kirmak uchun Zaynabni o‘ylar edi. Kumush uyda ko‘rinmadi, shunga ko‘ra «uxlag‘andir», deb o‘ylab Zaynab bilan kirdi. Zaynab oyog‘i olti, qo‘li yetti bo‘lg‘an holda erini to‘rt qavat ko‘rpacha ustiga o‘tquzib, yoniga uchta par yostiqni uydi. Erining mahsisini artishka ko‘maklashib, yelpib qo‘ymoq uchun izn so‘radi. Otabek uzr aytib bunchalik mehribonchiliq ma’nosidan cho‘chib qo‘ydi. Otda kelgan bo‘lsa ham kunning issig‘lig‘idan bir piyola choyga muhtoj edi. Choy so‘zi og‘zidan chiqmasdanoq Zaynab o‘choq boshig‘a yugurib ketdi. Uning keti bilan Kumushning uyiga qaradi. Eshik va darichalar ochiq bo‘lsalar ham uyda birav ko‘rinmadi. Kumush kelgandan beri Otabek kun sayin o‘zini siqiqroq bir doiraga kirib borg‘anlig‘ini sezar edi. Adimini sanab bosish, bir cho‘qib sakkiz yoqqa qarash kabi ehtiyotlarga ta’limotsizoq o‘rganib qolg‘an, buning ustiga bir xil o‘ngg‘aysizlig‘i ham yo‘q emas edi... Uning o‘tkan kunlari, ya’ni Kumushka Marg‘ilonda qiladirg‘an muomala va aloqasi Zaynabka qorong‘i, shu qorong‘iliqdan foydalanib Zaynab bilan muomalasi o‘zi tilagancha. Ammo endi o‘sha holatni davom etdirish mumkin emas edi. Kumushka kulib qarasa, Zaynabka ham shundog‘ qilmoqqa, unga qandog‘ muomala qilsa, bunga ham shundog‘ qilishg‘a majbur edi. Biroq buning birinchisi yurakdan, ikkinchisi... Birinchisini tavsif qilib ko‘rsatish nuchukkim, biz shu o‘ringacha ko‘b qog‘ozlarni qoralab kelamiz, o‘qug‘uchini ham zeriktirmay orqamizdan ergashdirgandek bo‘lamiz, chunki Otabek va Kumush ishqlarida samimiyat, yana to‘g‘risi she’riyat bor edi. Ikkinchi masala ustiga o‘tib tahlil qilmoqchi bo‘lsaq, Otabekda majburiyatdan boshqa hech gap topolmaymiz, topgan bilan o‘qug‘uchig‘a qiziqarliq bir narsa chiqmaydir. Qahramonimizning hozirgi «majburiyati» sabablarini muhtaram o‘qug‘uchilar yaxshi his etsalar ham yana biz bir daraja o‘z tomonimizdan ularni sanab ko‘rsatamiz: Din adolatka buyuradir va ota-onaning hurmatlari ko‘ndalang, majburiyatning eng kuchligi ham nozigi — mundan bir necha hafta ilgari Zaynab avval martaba yurak dardini ko‘z yoshlari ichida ochib berdi. Hammadan ham mana shu keyingisi Otabekni siqib tashlag‘an edi. Bu dard ayniqsa Otabekka uch yildan beri sinashta, ul bu dardning achchig‘-chuchugini uch yil bo‘yi totib kelar va shuning uchun ham boyag‘i og‘irliqni o‘z ustiga olmoqqa majbur edi... Zaynab unga ikki piyola choyni ichirgandan so‘ng so‘radi: — Sizni kech qaytarsiz, deb osh qoldirmag‘an edik, sovug‘roq bo‘lsa ham ozroq olib qo‘yg‘an edim... yesangiz? Otabek ochiqib kelgan edi, «mayli, bering», dedi. Boyagi gap bilan yeyilmagan lag‘mon Otabekning oldig‘a keldi. Ustidagi qiymasi bilan laganning buzilma-g‘anini ko‘rib Otabek so‘radi: — O‘zlaring yemadinglarmi? — Yedik. Kumush opa ham shu yerda edilar... Lag‘monni uncha xushlamas ekanlar, shekillik, yaxshi yemadilar... U kishi yemaganlaridan keyin men ham yeb o‘lturg‘ali iymandim... — Yemagan bo‘lsangiz, siz ham olishing, — dedi bek. Zaynab eridan iymanmay birgalashdi. Xo‘rak orasi Otabek Zaynabdan so‘rab, Kumushning uxlab yotqanini bildi. Tomoqdan keyin Otabek ham bir oz uxlab olish uchun yotdi. Ko‘zi uyqug‘a borg‘ach, faqat shuni kutib o‘lturgan Zaynab qo‘lida yelpug‘ichi bilan yostiq yoniga keldi. Eri juda uxlab ketkandan so‘ng yelpiy boshladi... Yelpir ekan, Zaynabning ko‘zi Kumushning uyida edi... Zaynab o‘zining bu tasodufiy muvaffaqiyatini kundash nazaridan o‘tkuzib olmoqchi va boyag‘i da’vosini bir daraja amalda ham ko‘rsatmakchi edi. Zaynab shu holda uzoq fursat erini yelpidi va natijada ma’lum ko‘rukni odatdan tashqari bir muvaffaqiyat ichida kundash nazaridan o‘tkazdi: nima yumish bilandir uydan chiqg‘an Kumush Otabekning yostig‘i yonida qo‘lig‘a yelpug‘ich ushlagan Zaynabka ko‘z qirini tashlab o‘tdi. Birar soatdan keyin Otabek uyg‘ondi. Zaynab ham kundash yuragini un qilg‘uchi yel tegirmonini to‘xtat-moqqa majbur bo‘ldi. Otabek uyga kirganda yostiq betini tartibsiz soch o‘rimlari bilan chulg‘atib Kumush uxlar edi. Otabek bir necha daqiqa uning uyquliq holatiga termulib qoldi va unga rohatsizlik bermas uchun sekingina orqasig‘a qayt-di. Uy eshigidan chiqar chog‘ida yana bir qarab oldi... Endi uyquliq ko‘z ochilg‘an edi. — Tinch uxlay bering, men ketaman. Kumush ko‘z yumish o‘rniga yostiqdan boshini uzdi va yerga tushkan ro‘ymolini o‘rab, o‘lturdi. Uning ko‘zi uyqudan qolg‘an kishilarning ko‘zidek qizarg‘an edi. Otabek qaytib kirdi. — Nega qo‘zg‘aldingiz, uxlang, — dedi. Kumush javob bermadi, qovog‘i solig‘ edi. — Ko‘zingiz qizarib ketipti, uxlay olmadingizmi? — Tobim yo‘q... — Xudoy saqlasin, — dedi bek va Kumush yonig‘a o‘ltirdi, — qayeringiz og‘riydir? — Bilmayman, — dedi. Ko‘zi tokchadag‘i allanarsalarda edi. Otabek bu ters javobni hazil fahmlab kuldi va Kumushning manglayig‘a qo‘lini tegizdi: — Nega bilmaysiz? — Qo‘lingizni oling. — Nega olay? — Mendan hazar lozim... — Sizdan hazar qilmayman... Kumushning ko‘zida bir turlik g‘iltillash bor edi: — Zaynabdan-chi? — deb so‘radi. Otabek daf’atan javob beralmay havli tomong‘a qarab qo‘ydi: — Buni... mendan ham siz yaxshi bilasiz. Otabekning alang‘lab javob berishi Zaynabning boyag‘i da’vosini chinga chiqarg‘andek bo‘lib, Kumush juda ham to‘nini teskari kiydi va yuzini chetka burdi: — Yalhaqlikni qo‘ying. Otabek bu holga tushunolmay, Kumushning ko‘ziga jiq to‘lg‘an yosh yana uni shoshirib qo‘ydi. Shundog‘ ham bo‘lsa kulimsirab: — Uyqudan so‘l yoningiz bilan turibsiz, — dedi. — Chunki manim o‘ng yonim bilan turg‘uzadigan kishim yo‘q... — Adovat shuning uchunmi hali? — dedi bek va kulib yubordi. Kumush ko‘z yoshisini artdi: — Ha, shuning uchun. — Shuning uchun bo‘lsa arzimaydi... Kumush ko‘tarilib ketdi: — Ikki yuzlamalig‘ingiz va til tegida til saqlag‘a-ningiz ham arzimaydimi? — Tushunmay yotibman... — Albatta tushunmaysiz va tushunishni ham tilamaysiz. Ul Kumushdan munday ters gaplarni umrida birinchi martaba eshitar edi. Bir onda necha xil ehtimollarni o‘ylab chiqdi: — Zaynab sizga bir narsa dedimi? — Dedi, «Sensiz turolmayman» deb aytkan so‘zla-ringizni ham dedi. Unga nima bo‘lsa ham ikki kundash o‘rtasidan ancha gaplar o‘tkani bir daraja ma’lum bo‘lib, Zaynabning yolg‘on-yashiq gaplar bilan Kumush yuragiga o‘t yoqqanini payqadi. Ammo boyag‘i yarim jiddiy vaziyatini buzmay so‘radi. — Zaynabning so‘ziga siz ishondingiz? — Ishonmaydirg‘an gapmi? — Yaxshi, men unga shunday deb aytkan ham bo‘layin, lekin shunda ham sizning xafalanishingiz menga qiziq tuyuladir. Ayniqsa sizdan bu gap... Kumush indamadi. Otabek uning orqa sochidan tutib sekingina yerga bosdi: — Qani gapuring-chi menga, orangizdan bir gap o‘tdimi, — deb so‘radi. — Ha o‘tdi, — dedi Kumush va chetka qarab kulimsiradi. — O‘n besh kun bo‘lmasdan? — Mendan boshqa xotin bo‘lsa Zaynabingiz bilan birinchi kundanoq arazlashar edi... — Xudo xayringizni bersin... — Kesatmang. — Kesatmasam gapuring. Kumushning raqobat o‘ti bir oz o‘cha tushkan edi, uch-to‘rt kunlik mojarodan yaxshig‘ina hasrat ochildi. Otabek hasratni yarim jiddiy tinglab bordi. Zaynabning keyingi so‘zi va so‘nggi yelpitish foji’alari ham hasrat qolipig‘a birma-bir kirib chiqdi. Hasrat tugalgandan so‘ng Otabekning yuzidagi boyag‘i yarim jiddiylik ketib, uning o‘rnini o‘ychanliq oldi. Ul shu holatda anchagina so‘zsiz qoldi va oxirda o‘zini natija kutib o‘lturg‘uchi Kumushka qarab kulib qo‘ydi. — Nega kulasiz? — Chunki yig‘lamoqqa arzimaydir. Kumushning qoshlari chimirildi: — Zaynabingizning bu qilig‘iga men chidalmayman. — Chidash va chidamasni hozircha bir tarafka qo‘yib turayliq, — dedi Otabek, — ammo hammadan ilgari sizdan so‘rayman: menga ishonchingiz bormi? — Bor, ham yo‘q, — dedi Kumush va kulimsirab bir oz o‘ylanib oldi, — Zaynabning haligidek gaplari kishini shubhaga solar ekan... — Ammo sizni shubhadan chiqaraturg‘an hujjatlaringiz albatta yo‘q emas edi. Kumush uyalg‘annamo yuzini chetka burdi, Otabek tovshini sekinlatib davom etdi: — O‘tkan kun sizdan «Toshkandda qolasizmi, yo‘q-mi?» deb so‘rag‘anim ham faqat shunga o‘xshash gaplar bilan siz xafalanmang, deb aytilgan edi. Agarda siz siqilar ekansiz, hali ham Toshkandda qolmasligingiz menga ma’qul ko‘rinadir. Chunki men sizni shuning singari o‘rinsiz ozor chekishingizni xohlamayman. — Siz quvlamasangiz, men Marg‘ilong‘a bormayman. Otabek kuldi. — Agar siz shunga o‘xshash arzimagan gaplar uchun manim ustimga hujum qilabersangiz, albatta quvlayman. Kumush bir xil o‘pkalangan boqishda: — Sizga ishonsam bo‘ladimi? — deb so‘radi. — Yuragingizdan so‘rang. — Yuragim... Yuragim ishonma, deydi. — Bo‘lmasa bu yurak so‘zi emas. — Albatta yurak so‘zi. — Yuragingizning ishonma, deyishka birar vaji bordir? — Bor. — Bo‘lsa ayting. — Yuragim: quvlanishg‘a kim sazovor, deb sizdan so‘raydi... Siz o‘z yuragingizdan olib javob bering. Otabek maqsadga tushundi, daf’atan javob berishka hayron bo‘lib qoldi. Darhaqiqat, Kumush eng nozik joydan ushlag‘an edi. Kumush Otabekdan javob kutib o‘lturmay yana dedi: — Boshqalar yuragini sinab ko‘rishka qudratim yetmasa ham manim yuragim ikki narsani o‘z ichiga sig‘dira olmaydir... — Sening yuraging ikki narsani o‘z ichiga sig‘di-radir, demakchisiz. — Demakchi emasman, — dedi Kumush, — chunki hech vaqt bo‘ladirg‘an gap emas... Kumush hamon yuqorida aytilgan bir ma’nonigina ifoda qilmoqchi bo‘lar edi. Ammo Otabek Kumushning to‘sindan o‘zgarib ketkan xarakter qat’iyatiga va bir kundayoq, bunchalik masofani o‘tkan keskinlikka juda taaj-jubda, qarshisidag‘ining suratida emas, siyratida qiziq bir o‘zgarish ko‘rar edi. — Maqsadingizga yaxshi tushunaman, — dedi oxirda,— har jihatdan qaralg‘anda ham siz bu to‘g‘rida haqlisiz. Ammo o‘shang‘acha... balki buni o‘zingiz his etarsiz, deb o‘ylayman... Kumush indamay qo‘ydi. Ehtimolki, ul keyingi masala to‘g‘risida erining fikrini bilib qo‘ymoqchi edi... O'tkan kunlar — 53. Eson bo'saq ko'risharmiz Toshkandga kelishning yigirmanchi kunidan qutidor Marg‘ilong‘a qaytish fikriga tushdi. Hoji va Otabeklar yana bir necha hafta qolishg‘a qistasalar ham, bo‘lmay uzr aytdi: «Uy yolg‘iz, faqat To‘ybeka bilan Oysha ona; hollari nima kechti, nima qo‘ydi ma’lum emas. Boshqa tarafdan o‘zimning savdo ishlarim ham o‘lda-jo‘lda, shunchalik mehmon bo‘ldiq. Bas, qilg‘an izzat va ikrom-laringiz uchun rahmat», dedi. Hojining: «Endi kelin bolani yubormaymiz-da», deb kulishiga — «Manim bolam emas — sizniki, u yer ham bu yer ham o‘zining uyi, janobingiz nimani muvofiq ko‘rsalar, menga ham ma’quli o‘sha», dedi. Hoji birmuncha gap aylantirib, «O‘rtadan anovi gaplar o‘tmagan bo‘lsa edi, albatta bu yerda olib qolmas, zeroki, sizning bag‘ringizni bo‘sh qo‘yish insofdan bo‘lmas edi. Agar sizga og‘ir tushmasa yurtdagi gap-so‘z bosilg‘uncha birar yil Toshkandda tur-sin, so‘ngra Marg‘ilon borsin, derdim», dedi. Qutidorg‘a ham bu mulohaza juda ma’qul tushib «bu mulohazalari beandoza to‘g‘ri, albatta munda birar yil turishi lozim va lobid!» deb javob berdi. Kumushning Toshkandda qolishig‘a otasi shunday yovosh qaradi, bu to‘g‘rida Oftob oyimning fikr va rizolig‘i bilan hisoblashish emas, hatto uni ko‘ngliga ham kelturib ko‘rmadi. Holbuki Marg‘ilondan chiqishda Oftob oyimning «Kumushni Toshkandda qoldirmaysiz!» deb qo‘yg‘an birinchi shartiga qayta-qayta qo‘l qo‘yg‘uchi shu qutidor edi. So‘zni cho‘zmoqqa hojat yo‘q: erlarimizning Oftob oyimlarg‘a qarashi hamisha shundan boshqa emas. Qaytish xabari Oftob oyim qulog‘ig‘a yetishkandan keyin uning avvalg‘i uchrashishi qizi bilan edi. Chunki eriga qarag‘anda ham ko‘broq ixtiyorni qizida bo‘lg‘anini yaxshi bilar edi. Shu xabarni Hasanalidan eshitishi ila to‘g‘ri Kumushning yonig‘a kirdi: — Kumush, — dedi kulimsirab, — qaytar emishmiz, dadang aytibtilar. Kumush qo‘lida nimadir tikib o‘lturg‘an edi. Ko‘zini ishdan olmadi: — Qaytsalaringiz, xayr-xo‘sh. Bechora ona qizining louboli bu gapidan bo‘shashib ketdi va ne zaylda o‘lturib olg‘anini bilmadi: — Nima deysan? Kumush iljayib onasig‘a qarab qo‘ydi, yana ishini tika berdi: — Ketsalaringiz xayr-xo‘sh. — Sen-chi? — Men qolaman. Oftob oyim tushunolmay qizig‘a bir necha vaqt tiki-lib turdi. Kumush unga qaramay nina sanchar edi. — Hazilingni qo‘y. — Hazilim emas — chinim. — Uyat emasmi? Kumush kuldi: — Nega uyat bo‘lsin? — Qo‘y-chi! — Qolsam o‘z erimniki, — dedi Kumush, — begona emaski uyat bo‘lsa... Oftob oyim o‘t ichida qolg‘andek toblandi: — Birav qol, demasa ham qolaberasanmi? Kumush ishini yonig‘a qo‘yib endi onasig‘a qaradi: — Avvalo bu yerda qolishimg‘a sizdan boshqa hech bir qarshi kishi yo‘q. Zaynab sizning yoningizg‘a o‘tsa ham, biroq uning xohishini menga ahamiyati yo‘q. — Esing o‘zingdami, bola? — O‘zimda, — dedi kulib, — man sizning qizingiz Kumush... Hozir Toshkandda o‘z erimnikida o‘lturibman... — Erim, deb tuqqan onangdan kechasanmi, yuzsiz? — Yo‘q, kechmayman, faqat bir necha vaqt sog‘i-nibqina yuraman. Oftob oyim qizining bu gapini eshitib yig‘lab yubordi: — Onangning o‘sha sog‘inishqa toqati yo‘q, — dedi,— man sani kundashlik uyga ishonmayman... — Kundashim bitta bo‘lsa, do‘stlarim sakkizta. Oftob oyim ko‘z yoshisini artdi: — Kundash bilan hazil o‘ynama, qizim. Kumush go‘yo Zaynab ustiga hujum yasayturg‘andek hurpaydi: — Ul kundash bo‘lg‘anda men kundash emasmi? — Ming qilg‘anda ham, — dedi onasi, — sen chin kundash bo‘lolmaysan. — Nimaga? — Nimagaki ering sen tarafda, chin kundashlik va chin dushmanlik Zaynab tarafda. Kumush kulimsirab onasining qulog‘ig‘a shivirladi: — Bu to‘g‘rida xotirjam’ bo‘ling. — Nima uchun xotirjam’ bo‘lay? — Agar Zaynab manga kundashlik qilabersa, ku-ya-vingiz uning javobini bermakchi... Shuning uchun ham manim bu yerda qolishim ma’qul. — Javobini bersa, qaytib kelishlik qochmas... — Man ketsam, — dedi Kumush, — hech qachon Zaynabka javob bermaydir. — Nega bermaydir? — Shuning uchunki qudachangiz kelinsiz qolaman deb orag‘a tushadir, ammo men shu yerda bo‘lsam, albatta tiliga kaltak keladir. Oftob oyim hamon oyog‘ uzatmadi, qizig‘a yalinib ko‘rdi: — Yosh joning bor, qizim, — dedi, — biravga yomonliq sog‘inma, man bilan birga ket, nima qilishsa o‘zluk-o‘zi qilishsin... Zaynab ham umid bilan bir yostiqqa bosh qo‘yg‘an. — Siz tushunmay yotibsiz, — dedi Kumush va eshikdan oyog‘ tovshini sezib gapni shu yerda to‘xtatdi. O‘zbek oyim so‘zlanib kirdi: — Nega muncha shoshmoq, yov quvladimi, aqalli bir oy bo‘lsin... Marg‘ilon degan yurtdan ot-otlab, tuya qo‘mlab kel emish-da bir oyg‘ina turmay ket emish! — Oftob oyim bilan Kumush uning hurmatiga o‘rinlaridan turdilar. O‘zbek oyim o‘ltura-o‘ltura so‘radi. — Hali eshitdinglarmi? Eshitdik, — dedi Oftob oyim biz ham shuning mojarosida edik. — Axir shu ham gapmi, xudda allakimlarga o‘xshab. Oftob oyim uzr aytdi: — Uyimiz yolg‘iz, shunchalik sizlarni ozor chekdirdik... Begona kishinikida ham yigirma kun turayliq-chi... Xudda o‘z uyimizdek yayrab-yashnadiq, sharofatlaringiz soyasida ko‘b kishilar bilan tanishdiq, izzat-ikromlaringiz ta’rifidan ojizmiz... Endi navbat sizlarning ham bizning shaharlarga borishlaringizg‘a keldi. — Bekor gap, — dedi O‘zbek oyim, — hali qudalarimizni muddaodagidek siylay olg‘animiz yo‘q, shu holda jo‘natsaq bizning sha’nimizga yaxshi emas... Men qudamning oldig‘a chiqaman, bizga nomus keltirmakchi bo‘lsa ertaga jo‘naybersin. Oftob oyim takror uzr aytdi: — Bizni uyaltirmoqchi bo‘lsangiz mayli, chiqing, agar xursandligimizga qarasangiz, qo‘ying. Kumushingiz ham; shuncha turg‘animiz bas, endi Zaynabni olib oyimning o‘zlari biznikiga borsinlar, deydi... Ketish orasig‘a Kumush ham kelturilib siqilg‘ach O‘zbek oyimning haligi odamgarchiliklari keyingi navbatka qoldi. — Hali Kumush ham ketmakchimi? Kumush kulimsirab onasig‘a qaradi. Oftob oyim uzr aytdi: — Shukur, sizning oldingizda Zaynabnisa bor. Manim bo‘lsa qanot-quyrug‘im shu Kumush. Ayniqsa, Kumushingizga javob bermasangiz bo‘lmas, oyi. O‘zbek oyim Kumushka xo‘mrayib oldi: — Yo‘q-yo‘q Oftobbonu, — dedi, — sizlarga javob bersam-da, Kumushka yo‘q. — Shu galcha javob berasiz, men sizdan so‘rayman. — So‘zingiz yerda qoladir, buv Oftob, bir oz andisha ham lozim, — dedi va Kumushka yuzini o‘girdi, — uyat emasmi, kelin? Kecha kelding surilib, bu kun ketkin burilib. — Menda ixtiyor yo‘q, oyijon, — dedi Kumush, — sizlar nimani ma’qul ko‘rsalaringiz menga baribir. O‘zbek oyim boshi bilan keliniga rizoliq bildirib «barakalla» deb qo‘ydi. Oftob oyim qizig‘a o‘qrayinqirab yer tegidan qaradi: — Albatta Kumush nima ham desin? — dedi, Kumushning ham haligidek qololmaslig‘a faqat meni ko‘zi qiymag‘ani uchun... bo‘lmasa albatta ketmas edi. O‘zbek oyim bir gapdan toymay: «Ketish uyat, Otabek, uch yil qatnag‘anda qizingiz bir yilgina Toshkandda tursa nima qipti...» kabi so‘zlarni o‘zgarishsiz bir maqomda aytilib turg‘andan keyin Oftob oyim boshqa yo‘l tutmoqchi bo‘lib, Kumushni uydan chiqib turishka buyurdi. Kumush chiqg‘andan so‘ng: — Qizini menga qoldirishg‘a ayadi demang, oyi, — deb qo‘ydi, — munda boshqa mulohazalar ham yo‘q emas... — Ayting. — Aytsam shuki, — dedi bechora ona, — Kumushingizning fe’li xo‘yi o‘zimga ma’lum: erka o‘skan, lavzi tez, kundashlikka chidaydirgan siyoqi yo‘q, har kun Zaynabingiz bilan g‘idi-bidi qilaberib sizni qiynab qo‘yarmikin deyman... Bir kuni kelganda onasi qurg‘ur bir og‘iz aytmagan edi, deb mendan ranjirmikinsiz deyman... Tana buzoqning turqi tuqg‘anig‘a tamg‘a deganlaridek, albatta menga ravshan... arazchi desangiz ham shu, ichi qoraliq desangiz ham shunda... Shuncha to‘qumadan O‘zbek oyimning yuzida hech bir o‘zgarish sezilmadi: — Albatta unaqa gap har kimda ham bo‘ladi, — dedi,— shukur, men bilan hoji otangiz tirik bo‘lsaq, undog‘ gaplarga yo‘l qo‘ymaymiz. Zaynab bo‘lsa xudo-ning yaratkan maxluqi; urish va araz degan gapni bilmaydir. — Zaynabingizning fe’li albatta sizga ma’lum ekan, ammo men Kumushni sizga yaxshi, deb aytalmayman. — O‘z bolasini yomonlag‘uchini, — dedi kulib O‘zbek oyim, — men o‘z umrimda birinchi martaba ko‘rdim... Undan ko‘ra bolamni senga ishonmayman, deb ayting. — Nega ishonmayin, faqat qozonimdag‘ini sizg‘a suzib qo‘ydim... — Nima bo‘lg‘anda ham Kumushka javob yo‘q. — Xo‘b qolsin, — dedi Oftob oyim, joni kuyib asabiylashkan edi, — Kumushdan har na yomonliq ko‘rsangiz mendan o‘pka qilmang. — Qizingizg‘a yomonliqni o‘zingiz o‘rgatib ketmasangiz sizdan o‘pkam yo‘q. Ikki quda havli yuzasiga tushkanda Kumush sahn bo‘ylab yurinib turar edi. Ular Zaynabning uyiga to‘g‘ri kirdilar. Zaynab ularni qarshilab o‘tqazdi va achinish ohangida Oftob oyimg‘a dedi: — Qaytar emishsizlar, deb eshitdim. Birar oy ham turmas ekansizlar-da. — Ancha turdik aylanay, buv Zaynab, — dedi Oftob oyim, — endi navbat sizlarning borishlaringizg‘a qoldi. Uchunchi so‘zni O‘zbek oyim oldi: — Shuncha aytdim — bo‘lmadi, yov quvlaptimi bilmadim. Oppoq oyingga qolsa, Kumush opangni ham birg‘a olib ketmakchi. Zaynab bir turluk holga tushdi. Kuchlangandek qilib: — Ular nega ketsinlar! — dedi. Oftob oyim qudasig‘a qarab qo‘ydi: — Ketmasa bo‘lmaydir, buv Zaynab. Bir chekkasi sizning es-hushingiz joyida, manim Kumush opangizdan boshqa hech kimim yo‘q, qolsa-ku mayli, biroq meni Kumushsiz o‘ldi, deng. Shunga qolg‘anda qayin onangiz bir oz tushunmay turiptilar. Zaynab yer ostidan qayin onasig‘a ko‘z yubordi. O‘zbek oyim hanuz tirtishib yotqan qudasig‘a qarshi qizishdi: — Qo‘ying-chi, — dedi, — besh-olti kun qizsiz turg‘an kishi bir narsa bo‘ptimi?! — Siz tushunmayapsiz oyi... hali tag‘in dadasi biladilar. — Men senga aytay, Zaynab, — dedi O‘zbek oyim va endi qudasining gapiga quloq solmay qo‘ydi, — oppoq oyingning hamma mulohazasi sendanga o‘xshaydi. Zaynab siqilmasmikin, ikki o‘rtag‘a sovuqchiliq oralamasmikin, deb qo‘rqadi. Men: Zaynab siz o‘ylag‘an kelinlardan emas, tegu taxtlik, aslzoda, Kumushni siylamag‘anda ham bizni siylaydi, — desam ham unamaydi... — Meni xudo uriptimi, — dedi Zaynab. Oftob oyim qudasining keyingi gapidan ancha siqildi. Go‘yo o‘zi Kumushni qoldirishg‘a tarafdor bo‘lsa ham, faqat Zaynabning kundashlik qilishidan qo‘rqib turg‘andek ko‘rsatilgan edi. — Yanglishyapsiz, oyi. — Yanglishsam, yanglishmasam Kumush bu uydan siljimaydir. Oftob oyim bo‘g‘ilib, foydasiz tortishib o‘lturishni tark qildi. Endi bu to‘g‘rida eriga murojaat qilmoqchi edi... Marg‘ilong‘acha aravani Hasanali minadirgan bo‘ldi. Chunki Marg‘ilondan arava minib kelguchi yollanilg‘an kishi bo‘lib, Toshkandga kelishning ertasi kuni hisobini olg‘an edi. Qudalarning qaytishi chinga aylangandan keyin, yo‘l taraddudi boshlandi. O‘zbek oyim bo‘g‘irsoq qovirtirish, talqon tuydirish, to‘qoch yopdirish bilan mashg‘ul bo‘ldi. Oftob oyim eridan ham qo‘lini yuvib qo‘ltug‘ig‘a urgan edi. «Hoji afandi birar yil tursin, deb aytdi. Endi bir yilni o‘zimizcha ko‘rmasak bo‘lmas. Ikki oyog‘imizni bir etukka tiqishimiz uyatka o‘xshaydir» deyishi va so‘zga quloq ham solmay — «mehmonxonada hoji bor, sen bilan yo‘lakda ezilishib o‘lturolmayman, nomus!» deb burilib ketishi bechorani juda ham esankiratib tashladi. Oxirda Otabekka ham murojaat qilib ko‘rdi. Undan ham asli maqsadni hosil qilolmay, faqat ularnikidan jo‘yalikroq uzr eshitdi. Otabek qayin onasining fikriga qisman qo‘shilib «Nima bo‘lsa ham besh-o‘n kun og‘irliqni manim uchun o‘z ustingizga olasiz. Agar men sizning talabingizni ma’qul qiladirg‘an bo‘lsam, ayniqsa qizingizning ko‘ngliga shubha keladir... Sizga aytkulugi yo‘q, bu to‘g‘rig‘a manim aralashmog‘im yaxshi bo‘lmas. Kundash adovati borasidagi fikrlaringiz to‘g‘ri va lekin ish u darajalarga yetmas, deb o‘ylayman... Juda bo‘lmaganda Kumushning o‘zini oldingizg‘a jo‘natarman, xotirjam bo‘ling!» dedi. Oftob oyim shu yo‘sun har tarafdan ham umidsiz-lanib, mengravsib qoldi. Kumushni ko‘rgan sayin allanuchka yuragi achir, judoliq kunlarini aslo tasavvur qilolmas edi. Kumush bo‘lsa, onasining hozirgi holiga aching‘andek, unga yaqinlashmay, chetlab yurar va ikkinchi tarafdan Zaynabning bir yarim qarich osilib ketkan qovoq-dudog‘ig‘a istehzolanib tomosha qilar edi. Yo‘l hozirliklari bitib, O‘zbek oyimning Oysha kampirga atab tikdirgan sarupolari ham bitdi. Bu kun mehmonlarning eng so‘nggi kechalari edi. O‘zbek oyim yarim kechalargacha qudachasi bilan so‘zlashib o‘lturdi. So‘ngra Oftob oyim bilan Kumushni yolg‘iz qoldirib o‘z uyiga yotqali chiqdi. Ona-bola bu kechani birga kechirmakchi edilar. Oftob oyim qudasining ketidan qizig‘a hayfsinib qo‘ydi. — Onangni firoq o‘tida yondirishdan uyalmading, qizim. — Nega yonar ekansiz... — Nega yonmayin axir, dunyog‘a kelib sendan boshqa ovinchog‘im bo‘lmasa... Agar qo‘limdan kelsa achib va yonib turg‘an yuragimni senga ochib ko‘rsatar edim... Koshki edi bir shaharginada bo‘lsang. Kumush onasining yuragidagi o‘tni hozir sinamasdan ham his etkan, chunki yigirma yil o‘z quchog‘ida o‘sdirg‘an onadan ajralish uning o‘ziga ham og‘ir tuyulib boshlag‘an edi. — Besh-olti oy... hech narsa bo‘lmas, oyi. Eson bo‘lsaq tag‘in ko‘risharmiz. Oftob oyim ko‘z yoshisini duv to‘kib yubordi. Nachog‘lik o‘zini qattig‘ ushlagan Kumush ham sirrini yashirolmadi... Ona-bola bir necha vaqt yig‘i ichida bo‘-g‘ildilar. — Qolishg‘a-qolding, — dedi oxirda ona, — ammo qayin ota va qayin onalaringg‘a xizmat qil, yaxshiliqni qo‘lingdan berma, ayniqsa, kundashingga yomonliq sog‘inma, yaxshiliqdir, yomonliqdir har nimaiki o‘zlari qilsinlar, zinhor sen aralashma. — Manim nima ishim bor... — Albatta ishing bo‘lmas... Shundog‘ bo‘lsa ham men kechagi so‘zingdan cho‘chib qoldim. Kunda-shingning ko‘rinishi bayovg‘a o‘xshasa ham, ammo o‘zi pismiq ekan... Bunday odamdan albatta hazar kerak. Agar oralaringg‘a savuqchiliq tushadirg‘an bo‘lsa, sen o‘chakishib yurma, yaxshisi qayin otangg‘a uzringni aytib, bu uydan ketish harakatini qil. Men bu to‘g‘rida ering bilan ham so‘zlashib qo‘ydim, tuzikmi? — Tuzik. — Xudoyg‘a shukr, qo‘lingda xating bor, o‘lg‘anning ustiga chiqib tepkandek xatxabarsiz qo‘yma. Har bir o‘n besh kunda xat yozib eringga ber. — Albatta, siz ham unutmang. Bir oz jim qoldilar... Oftob oyim entikib og‘ir nafas oldi va ma’yusona Kumushka qaradi. Kumush o‘rinsizcha onasig‘a qarab iljaydi. Bu o‘rinsiz ishdan Oftob oyim achchig‘landi: — Manim holim senga kulgimi, qizim? — Yo‘q, — deb yana kulimsiradi Kumush, — bir-ikki kundan beri siz aytadirgan... — Nima men aytadirgan? — Axir... — deb qizarindi Kumush, — ko‘nglim aynar edi, deb aytar edingiz-ku... Oftob oyimning ham yuzida bir kulimsirash ko‘rishdi: — To‘g‘rimi? — Bilmadim... — dedi, yerga qarab qizardi, — o‘tkan kundan beri ko‘nglim aynagandek bo‘ladi... Ayniqsa palov isidan ko‘nglim ketadi... Achchig‘ narsalar yegim keladi... — Muborak bo‘lsin, — dedi Oftob oyim, kuldi. Kumush ijirg‘anib o‘zicha allanarsa so‘zlandi. Oftob oyim engashib Kumushning qulog‘ig‘a shivirladi, — bu sirni eringdan boshqa hech kimga bildirma, qayin onang ham yengil xotin, ayniqsa kundashing seza ko‘rmasin. Kumush ma’qul ishorasini berdi. Ona-bola bir o‘rin yozib yotdilar. Ko‘b vaqtkacha Oftob oyimning ivir-shiviri nabira to‘g‘risida bo‘lib qoldi. Ko‘ziga uyqu kelmay «shuni ham ko‘rar kun bo‘larmikin?» deb edi. Sahar paytida turib choy ichdilar. Subh namozini o‘qub, arava qo‘shildi. Aravaga chiqadirg‘an mayda-chuyda tashilib bitdi. Ot jilovida Hasanali, arava yonida qutidor va hoji so‘zlashib turar edilar. Otabek arava orqasig‘a narvoncha chiqarib qo‘ydi. Xotin-xalaj hamma yo‘lakka yig‘ilib, Oftob oyim birin-birin kuzatkuchi xotinlar bilan ko‘rishib chiqdi. Eng so‘ng Kumushni bag‘rig‘a bosib yig‘lab yubordi. Kumush ham o‘zini tutib turolmadi. Boshqalar ham yig‘idan nasibasiz qolmadilar. — Xudoyg‘a topshirdim, Kumush, qazom yetib ko‘ralmay o‘lsam, mandan rozi bo‘l! — Siz ham, oyi!.. Qutidor ham ko‘chadan yo‘lakka kirib qizining manglayidan o‘pdi: — Ko‘rishkuncha, qizim. — Xayr, otajon. Yo‘lakka Yusufbek hoji yuzlanib umumiy duog‘a qo‘l ko‘tarildi. Duodan so‘ng Otabek to‘riq yo‘rg‘ani chiqarib qutidorg‘a tutdi. Oftob oyim yana bir qayta qizi bilan quchog‘lashg‘ach, Otabekning ko‘magi bilan yig‘lag‘an ko‘yi narvonchadan aravaga mindi va soyabon orqaliq olding‘a o‘tdi. Qutidor Yusufbek hoji bilan salomlashib quchoqlashg‘andan keyin Otabekning qo‘ltig‘lashi bilan otqa mindi. Otabek ham aravaga, Oftob oyim yonig‘a chiqib o‘lturgach, umumiy «Ollohu akbar!» dan so‘ng Hasanali otni yo‘lg‘a soldi. Kumush darboza yonig‘a chiqg‘an edi: — Xayr onajon! Manim uchun buvimni quchog‘lab qo‘ying. O‘rtoqlarimg‘a salom ayting! — Xudoyg‘a topshirdim, Kumush, yaxshi qoling, quda! — Yaxshi boring, buv Oftob! — Yaxshi qoling, buv Zaynab! — Yaxshi boring, opoq oyi! Arava ko‘chadan burilg‘uncha «yaxshi qoling, yaxshi boring, salom ayting» so‘zlari takrorlanib turdi. Arava katta ko‘chadan burilib, ko‘zdan yo‘qolg‘ach, eng keyinda qolib yig‘lag‘an ko‘yi Kumush ichkariga kirdi. Otabek bir necha bekatkacha mehmonlarni kuzatib borib, so‘ngra qaytmoqchi edi. O'tkan kunlar — 54. Xushro'ybibi va Zaynab Xushro‘ybibi Zaynabning egachisidir. Mohirabonu-dan ikki o‘g‘ul va ikki qiz dunyog‘a kelib, to‘ng‘uchi Azimbek, undan keyingisi Xushro‘y (yoshlig‘ida Xushro‘y o‘rniga Xushra der edilar), uchunchisi Karimbek va to‘rtinchisi bizning Zaynab edi. Zaynab egachisi Xushro‘ydan yetti yosh chamasi kichik edi. Garchi bu ikki egachi-singil bir qorindan talashib tushkan bo‘lsalar ham, sajiya — xarakterda tanib bo‘lmasliq darajada birbirlaridan farqlik edilar. Sajiyadagina emas, surat va siymo vajida ham katta o‘zgaliklari bor edi. Xushro‘y uzun bo‘ylik, qotmaroq va zarcha tanlik edi. Zaynab qisqa bo‘y, go‘shtdor va oq tanlik edi. Xush-ro‘yning harakati yengil va lavzi tez edi. Zaynab loppos va o‘nta so‘zga arang bitta javob qaytaradirg‘an edi. Xushro‘yning ko‘zi o‘ynab, har sekuntda o‘n yoqqa alang‘lar edi. Singlisi bo‘lsa birav bilan betma-bet kelib so‘zlashqanida ham ko‘zini hamisha bir nuqtadan uzmas edi. Xushro‘yga bolaliq chog‘idayoq uy ichi va qo‘ni-qo‘shni «shaddod» deb ism berganlar, chunki ul kimdan bo‘lsa-bo‘lsin, aytkanini qildirmay qo‘ymas, agar birarta ish uning tilagiga teskari ketsa shovqin-suronni xudda boshig‘a kiyib olar edi. Shuning uchun Xushro‘yning ra’yini bilmasdan qozon osilmas, unga yoqmagan gapka og‘iz ochilmas, ul bor joyda qadam ham sanalib bosilur edi. Zaynab egachisining aksicha o‘z yaqinlaridan «pismiq» deb ism olg‘an, onasi bo‘lsa achchig‘i chiqg‘anda «ming‘aymas o‘lgur» deb uni qarg‘ar edi. Ayniqsa quyida zikr qiladirg‘an holimiz bu ikki opa-singilning xarakteridagi farqlarini ochib ko‘rsatish uchun yetadir: Mohira oyim har bir hayitdan birar oylar ilgari eriga aytib bolalarig‘a kiyimlik oldirar edi. Oldirg‘an kiyimlik Xushro‘yg‘a yoqmasa darrav yaramag‘anini aytib almashdirib berishka dadasini majbur etar va ko‘ngli-dag‘ini hosil qilib tinchir edi. Ammo Zaynab bo‘lsa o‘ziga kelgan kiyimlikka qarshi boshda bir narsa demas, kiyimlik bichilib va tikilib ham arafa kunlari kelib yetkandan keyin hurpayib hech kim bilan so‘zlashmay qo‘yar edi. Mohira oyim qizining birarta ishdan norozilig‘ini payqab «Ming‘aymas, pismiq o‘lgur, tag‘in nima jin urdi seni?» deb so‘rag‘anida, Zaynab qovoq-dudog‘ini solib bir og‘iz ham javob bermas edi. Nihoyat ertaga hayit degan kuni Zaynabning hurpayishi yig‘i bilan almashar va yig‘i orasi maqsad ochilsa ham ko‘pincha natijasiz qolar edi. Birar joyga mehmondorchiliq uchun boradirg‘an bo‘lsalar, Xushro‘y hammadan ilgari e’lon etar edi: «Men ham boraman!» Albatta uni qoldirib ketish uchun endi hech kimda had yo‘q. Ikkinchi vaqt: «Men bormayman!» Bu taqdirda uni bir qadam siljitilsin-chi! Ammo Zaynab onasi bilan yangasi Hanifa bir joyga otlanadirg‘an bo‘lsalar, «boraman, bormayman» demas, ular ham yig‘lamag‘an bolag‘a sut berilmas qabi-lidan indashmasdan mehmondorchilikka ketar edilar. Kechqurun qaytib kelsalar bir burchakda Zaynab yig‘lab o‘lturipti: — Nega yig‘laysan? — Nega meni birga olib ketmadingiz... Zaynabning shu fe’li balog‘atka yetib, erga tekkandan keyin ham o‘zgarmadi. Otabekning Zaynabka bo‘lg‘an munosabatini o‘qu-g‘uchig‘a albatta so‘zlagulugi yo‘q. Eri unga oylab, yil-lab qaramay qo‘yg‘anida ham ul ih deb tovush chiqarmadi. Otabekning bu holiga qarshi chiqg‘uchi va Zaynabni yo‘l-yo‘ruqqa solg‘uchi yana faqat O‘zbek oyim ediki, buning sababi ham izzatlik o‘qug‘uchimizg‘a bir daraja ma’lum bo‘lsa kerak. Sut bilan kirgan jon bilan chiqar deganlaridek, O‘zbek oyimning o‘shal vaqtlardag‘i tash-viqotlari ham uning tarafidan faqat «kelinlik» majburi-yati ostida qabul qilinar, masalan, qayin ona — «falonchi domlag‘a borib mundog‘ qil, Zaynab», deb buyur-mag‘uncha o‘rnidan qo‘zg‘almas va shuning bilan birga erining tashlab qo‘yishi to‘g‘risida onasi, egachisi va boshqa yaqinlarig‘a churq etib og‘iz ochmas edi. Zaynabning bu holiga hukman — «erining qarash va qaramaslig‘i uning uchun farqsiz edi» deb aytish albatta to‘g‘ri bo‘lmaydir. Chunki kundashining Toshkandga kelish xabarini eshitkan Zaynabni biz yuqorida Otabek quchog‘ig‘a tashlang‘an holda ko‘rib edik. Xulosa, Zaynabning bolaliq vaqti bilan hozirgi holini chaqishdirib qarasaq ko‘ramiz; yosh Zaynab bir oy ilgari tikilib qo‘yilgan kiyimning o‘ziga yoqmag‘anini faqat arafa kuni aytib, yig‘laydir, bu kungi Zaynab o‘zining muhabbatini eriga faqat kundashi kelib yetar oldida e’lon qiladir. Biz yuqorida yosh Xushro‘y bilan o‘qug‘uchini bir darajada tanishdirgan edik. Endi uning oila hayoti bilan ham tanishdirishka majburmiz: Xushro‘yning erga tegishi ham o‘ziga o‘xshash fav-qulodda bo‘lg‘an edi. Masalan aksariyat qizlarimiz ota-ona kimni muvofiq ko‘rsa, shunga tegishka majburdirlar. Lekin Xushro‘yniki mundog‘ bo‘lmadi. Xushro‘y o‘n sakkiz yoshka yetkandan keyin unga sovchilar kela boshlaydirlar. Tabiiy Xushro‘yning fe’lini yaxshi bilgan ota-ona uning ra’yini olmasdan turib bir ish qilmoqdan qo‘rqadirlar. Olim ponsadboshig‘a ma’qul bo‘lg‘an necha yigitlar, Mohira oyimg‘a yoqg‘an qancha tegu taxtlik xonadonlar Xushro‘y tomonidan rad qilina boradir. «Falonchining o‘g‘limi?» deb so‘raydir Xushro‘y va onasidan javob kutmay: «xudoy ko‘tarsin erni. O‘shanga tekkanimdan ko‘ra, qaro yerga tekkanim yaxshi!» deydir. Bir necha vaqt shu yo‘sun Xushro‘yning ra’yiga qarab er-xotin zerikadirlarda, o‘zlaricha bir joyga qudalashmoqchi bo‘ladirlar. Ularning andishasini bilgan Xushro‘y boshda bunga qarshi bir narsa demaydir. Ammo uzil-kesil fotiha o‘qub, qudalashish uchun uyla-riga kelgan sovchi va quda xotinlarning oldilarig‘a kelib betlariga aytadir: «Hali men ersirab qolg‘anim yo‘q, fotiha o‘qub tashvish chekmay uylaringga jo‘nay beringlar». Mohira oyim bu yuzsizlikdan yer yorilsa yerga kirgundek bo‘ladir. Sovchilar ersa mundog‘ uyatsiz qizdan alhazar o‘qushib jo‘naydirlar. Albatta ota-onaning bunga qarshi choralari qarg‘ish va ranjishdan nariga o‘tolmaydir. Og‘asi Azimbekning Xushro‘y ustiga ko‘targan mushti ham «nega meni urasiz, men falonlik qildimmi?» degan haqlik so‘z bilan darmonsizlanadir. Shu voqi’adan so‘ng sovchilar oyoqi uziladir. Xush-ro‘y uchun hech kim og‘iz solmay qo‘yadir. Chunki boyag‘i sovchilar bu favqulodda muomalani ko‘ringan biravga doston qilib o‘quydirlar. Mohira oyim ta’naga til ochadir: «Endi dunyodan ersiz o‘tasan, qizim!» Lekin Xushro‘y hanuz pinagini buzmaydir: «Er qurib ketkan emasdir, xohlasam ertagayoq erga tega olaman», deydir. O‘rtadan bir necha vaqt o‘tib Azimbekning o‘rtoqla-ridan bo‘lgan Nusratbek otlig‘ bir beknikidan xotin ustiga sovchilar keladir. Mohira oyim eridan fikr so‘rash o‘rnig‘a qizig‘a arz qiladir va Xushro‘y munga qolganda quloq qoqmaydir. Bu roziliqni eshitib otasi va og‘asi juda so‘yinishadirlar. Zero Nusratbek beklar ichida obro‘likroq kishining o‘g‘li va hozirgi tutib turg‘an ishi ham ancha dong‘lik bo‘ladir. Shuning uchun uning xotinliq bo‘lish kamchiligi ham e’tiborg‘a olinmaydir. Fotihaning ikkinchi haftasi to‘y-nikohlari bo‘lib, Xushro‘yning Nusratbek bilan chodirda qilg‘an birinchi muomalasidan til biriktirib erga tekkani xotinlarg‘a ma’lum bo‘ladir. Xushro‘y chodirdan chiqmasdanoq choy tashib, xizmat qilib yurgan kundashiga kesatuq bilan hujum boshlaydir. Ikkinchi va uchunchi kunlarda to‘ppa-to‘g‘ri kundash ustiga sapchiydir. Hafta, o‘n kun o‘tmasdan erini o‘z tomonig‘a og‘ishdirib kundashi yonig‘a kirgizmayoq qo‘yadir. Ikkinchi va uchunchi haftalarda o‘choqboshini o‘z qo‘lig‘a olib kundashini ikkita yosh bolasi bilan tomoq vajidan ham siqa boshlaydir. Nusratbek bo‘lsa ko‘chaga chiqg‘anda beklik da’vosini qilib, uyiga kirganda Xushro‘ybekka mute’. Bechora katta xotin Xushro‘yning doimiy hujumiga mahkum qolib, eridan loaqal ikkita go‘daklari yuzi uchun bo‘lsin marhamat ko‘rmay azoblanadir. Ikkinchi oylardan boshlab Xushro‘y kundashini bo‘g‘ib urish odatini chiqaradir va o‘rim-o‘rim kundash sochini alafdek yulib olishdan ham tortinmaydir. Tamom jonidan to‘ygan bechora kundash uchunchi oyg‘a chidab borolmay eridan taloq so‘raydir. Noiloj Nusratbek ham unga javob berishka majbur bo‘ladir. Alamzada bechora ikki go‘dakni eriga tashlab ketmakchi bo‘lg‘anida Xushro‘ydan ochiqchasig‘a shu gapni eshitadir: «Itdan bo‘lg‘an qurbonliqqa yaramas! Bolalaringdan umidingni uzgan bo‘lsang, itbachchala-ringni bu uyda qoldir!» Xushro‘yning og‘zidan chiqg‘an bu tahdid bechora onaning yuragini uyushdiradir. Darhaqiqat, Xushro‘yning bu ishdan ham toymaslig‘ini aniq bilib, yig‘lay-yig‘lay bolalarini o‘zi bilan birga olib ketadir. Xushro‘y uch oy ichida tomir yoyib qolg‘an bir oilani ildizi bilan yulqib tashlab tinchiydir. Mundan boshqa Nusratbek kabi bir odamni ham o‘z ishoratiga qaratadir. Endi yetti-sakkiz yil bor, ul o‘z kayficha yashab ke-ladir. Har narsadan ham mamnun, biroq... Shuncha muddatdan beri ona bo‘lolmag‘anidan xafa, hamma qayg‘u hasrati ana shu tug‘masliqda. Mundan ikki yilcha burun eri Nusratbek: «Olti yildan beri tug‘maysan, ko‘r-satmagan tovuping qolmadi. Endi nima qilamiz?» deb kulgan edi, Xushro‘y erining maqsadi nima ekanini payqab: «Bolasiz kishi dunyoda turolmaydirg‘an bo‘lsa, bir oz zaharni boshlab sizga beraman, undan keyin o‘zim yeyman!» dedi. Shundan keyin Nusratbek mundog‘ gapni ikkinchi gapirmay qo‘ydi. Darhaqiqat, Xush-ro‘yning bu so‘zini hazil deb bo‘lmas edi. O'tkan kunlar — 55. Esini kirgizdi «Kundashlik uyda kunda janjal» deganlar. Albatta buni aytkuchi kishi o‘ylamasdan va bilmasdan aytmagandir. Jilla, har kuni janjal bo‘lmag‘anda ham haftada, o‘n kunda bir to‘polon chiqmasa albatta kundashni kundash, deb bo‘lmas. Nega desangiz, bizning ba’zi bir kundashsiz, chiqitsiz oilalarda ham ikki, uch kunda tovoq-qoshiq sinib, tog‘ora yangilanganini har qaysimiz bila-miz, bas, endi kundashlik oilalarimizga kelganda-chi, albatta yuqoridag‘i — «kundashlik uyda kunda janjal» maqolini to‘g‘rig‘a, chinga chiqarmasdan chora yo‘q. Men — yozg‘uchi, «O‘tkan kunlar» hikoyalarini otam marhumdan necha qaytalab eshitsam ham zerikmas edim, faqat bir joyigina meni zeriktirar edi. Bu kun men shu «O‘tkan kunlar»ni qalamga olganimda ham o‘sha o‘zimni zeriktirgan faslini tashlab o‘tishka majbur bo‘ldim. Darhaqiqat, o‘z oramizda kundash janjalini kim bilmasin? Arzimagan gap ustida dunyo buzg‘an kundash to‘polonlari kimning qulog‘ig‘a yoqsin? O‘qug‘uchining qimmatlik vaqtini ayag‘animdek, qalamni ham bu g‘idi-bididan ozod qilishni muvofiq ko‘rdim. Meni kechirsinlar. Zaynab xafaligi oshqan kezlarda qarindosh-urug‘lari-nikiga yurib chigilini yeshar edi. Uch-to‘rt oyning ichida ikki martaba egachisi Xushro‘ynikida ham mehmon bo‘lib ketdi. Ammo hozirgisi uchunchi martaba kelishi edi. — Nuchuk xudo yarlaqadi! — deb Xushro‘y singlisini qarshiladi. Sunbula oyining mo‘’tadil havosiga qaramasdan Zaynab marjon-marjon terlagan edi. — Nega muncha o‘zingni oldirib qo‘yding, Zaynab! Uyingdan tinchmisan, ering esonomon yuriptimi? — Qurib ketsin, — dedi Zaynab va ko‘ziga yosh oldi. Xushro‘y achinish o‘rniga kuldi. — Kel, ayvong‘a chiq, — dedi, — oyimnikida eding-mi? — Yo‘q. — Uyingdan keldingmi? — Ha. Xushro‘y singlisini o‘tqazib cho‘risiga choy buyurdi. Fotihadan keyin «pochcham eson, omonmilar?» deb so‘rag‘uchi singlisiga: — Pochchang o‘lsin! — dedi achchig‘lanib Xush-ro‘y,— Najmiddinbek deganning dalasiga ketkan edi. To‘rt kundan beri dovu daraksiz, o‘ldimi, qoldimi — bilmayman. Zaynab uch-to‘rt oyning ichida kishi tanimasliq holga tushkan edi. Ilgarigi to‘lalig‘ining yarmisini yo‘qotqanidek tusiga qarimsiqlik kirgan, ko‘z harakatida ham bir besaranjomliq zohir va bularning ustiga har qachon unda ko‘rilgan «og‘irliq» o‘rniga asabiylikka yaqin bir vaziyat o‘lturg‘andek edi. Zaynab egachisining haligi gapiga rizosizliq bildirdi: — Noshukur ekansiz, opa, — dedi, — pochchamdan nolishingiz yaxshi emas, sizning ham boshingizg‘a manim kunimni solsa nima qilar edingiz? — Men ham Zaynab bo‘lsam, albatta solar edi, — deb kuldi Xushro‘y, — menga qolsa har kim o‘z nafsiga yaxshiliq yoki yomonliqni o‘zi hozirlaydir... — Tavba deng, opa. — Men shu choqg‘acha, — dedi Xushro‘y, — bandasiga bosh egishni va bandasi oldida tavba qilishni or bildim va orlanishim orqasida har kimning ustida yurdim... — Katta gapirmang. — Katta gapirsam va gapirmasam, — dedi Xushro‘y,— manim fe’lim har kimga ma’lum va hammadan ham senga ochiq... Qo‘ychi bu gaplarni, o‘zing tinchmisan? — Tinchligim qursin... — Aytsang, aytmasang, — dedi opasi, — albatta tinchliging qurig‘an. — Quritg‘an qurisin... — Sening tinchlig‘ingni hech kim quritg‘an emas, Zaynab! Hamma jabrni o‘zingo‘ zingga qilayapsan! — Hamisha shu gapni aytib qolg‘ansiz,— deb o‘pkaladi Zaynab,— dunyoda kim o‘ziga jabrni xohlaydir? — Sen va senga o‘xshag‘anlar. — Xudo urar... — Aytsang, aytmasang xudo urib qo‘yipti. — Shunday kunlarga men qolay dedimmi? — Degansan! Zaynab opasining istehzolik yuziga qaradi va uning nima demakchi bo‘lg‘anig‘a tushunolmadi: — Degan bo‘lsam ayting... — Sen manim qanday qilib erga tekkanimni bilasanmi? — Bilaman... — Bilsang bilganingcha tur, — dedi Xushro‘y, — endi kelaylik sening erga tegishingga: albatta tona olmassan, sening er qilishda tariqcha ixtiyoring va rizolig‘ing yo‘q edi, ehtimolki ixtiyor nima, orzu nima o‘zing ham payqamas eding. Balki ixtiyor va orzularing ham bo‘lg‘andir — biroq uni hech kim maydonda ko‘rmas edi. Shuning uchun tizgining oying bilan dadangning qo‘lida, boshqacha aytkanda ularning tuyaga ortqan yuki, kimga sotsa, qayerg‘a jo‘natsa ixtiyorsiz eding... Yodingda bormi, nikoh kunim men kulib, chaqchaqlab aravaga mindim, sen bo‘lsang, uydan yig‘lab chiqding va eringnikiga yig‘lab bording... Yaxshi, ering senga yoqdi, ammo ering faqat senga yoqqan bilan ish bitmasligini yana xotiringga keltirmading. Ering seni tashlab qo‘ydi, sen churq etmading, istiqboling to‘g‘risida o‘ylamading... Faqat g‘alvir suvdan ko‘tarilgandan so‘nggina, sen o‘zingni har tarafka tashlay boshlading... Lekin endi bir ming toblansang ham natija o‘zingning fe’lingcha— bitta: sening uchun har kun bir o‘lim yoki o‘sha uydan boshingni olib chiqish. Xushro‘yning rahmsiz muhokamasidan oqg‘an bu haqiqatlar Zaynabni yig‘latdi. — Men shunday bo‘lar, deb o‘ylamag‘an edim... — Sen o‘ylashni bilarmiding? — deb kuldi Xushro‘y. — Birav o‘lay desa, siz kulasiz! — Men yig‘lashni bilmayman! Kishilar yig‘lag‘anda, manim kulgim qistaydir. — Manim o‘rnimda bo‘lsangiz, siz ham yig‘idan bosh ko‘tarmas edingiz... — Sening yeringda bo‘lsam bilasanmi nima qilar edim, Zaynab, — dedi Xushro‘y, — dunyosini ost-ust qilar edim, bir tomchi yoshimni yuz tomchi zahar bilan qo‘shib tashlar edim. Zaynab keyingi gap bilan egachisining yuziga ko‘ta-rilib qaradi va Xushro‘yning yuzida zolimona bir istehzo ko‘rdi. — Yaxshi, — dedi Zaynab bir xil siniq tovushda, — hamma do‘stlaringiz sizga dushman bo‘lsin, uch yildan beri sizning so‘zingizni aytib yoningizda kelgan qayin onangiz ham dushmaningiz yonig‘a o‘tsin: hatto sizni tuqg‘an ota-onangiz ham «sabr qil, bolam!» deb quruq so‘z aytib o‘ltursinlar... Bas, shu holatda siz yig‘lamay nima qilar edingiz? Xushro‘y pinagini buzmay yana kuldi: — Dushman o‘zi nima degan so‘z? — dedi, — men senga boya ham aytdim: kishining dunyoda do‘sti yo‘q, magar nafsiga o‘zi do‘st; kishining dunyoda dushmani yo‘q, magar nafsiga o‘zi dushman! Masalan sen o‘zing: otangg‘a, onangg‘a do‘stim, deb ishonding, ammo ulardan nima yaxshiliq ko‘rding? Bu kun ularning «sabr qil, bolam!» deb bergan kengashlari sening yarangga malham bo‘larmi? Albatta, bo‘lmas. Boshdayoq ering senga qaramay qo‘ydi. Ammo sen qayin onangning va’dasiga va tag‘in allanarsalariga ishonding... O‘zing o‘yla, bolani ona tug‘adir, lekin unga muhabbatni ham ona tug‘ib beradimi? Albatta bu mumkin emas. Sen bechora shunga ham ishonding. Endi gap nima? Otang senga sabr yediradir, qayin onang bo‘lsa kundashing duosida... sen bo‘lsang yig‘i quchog‘ida... — Sizdan o‘zimni chaqdirg‘ali kelgan emasman! — dedi yig‘lag‘an ko‘yi Zaynab, — o‘z uyimda ham tegmay chaqadirg‘an gazandalarim bor... Siz ham manim kuygan jonimga o‘t yoqmang-da, agar qo‘lingizdan kelsa, bu o‘rtang‘an singlingizni tinchiting. — Sen hech tinchiy olmaysan... — Har narsaga aqlingiz yetadi... Loaqal bu baxtsiz singlingiz uchun birgina bosh og‘ritsangiz-chi... Ustimga shu balo kelgandan beri eshigingizga necha qayta kelib quruq qaytdim, endigina siz ham... Xushro‘y bir oz Zaynabning yuziga qarab turg‘andan keyin: — Manim kengashimga yurasanmi? — deb so‘radi. — Jo‘yalik bo‘lsa nega yurmay. — Yursang, — dedi Xushro‘y, — chiq eringdan. Zaynab o‘krab yubordi: — O‘zim ham shundog‘ deyarsiz, deb turg‘an edim... Xushro‘y: — Negaki sening dardingning davosi, menga qolsa faqat shu. — Qanday qilib chiqay, axir... — Erdan chiqg‘anlar qanday qilsa, sen ham shunday qilasan! Zaynab javob bermadi. Cho‘ri xotin o‘rtag‘a dastur-xon yozib choy keltirdi, Xushro‘y xizmatchini o‘choqboshi yumishlariga buyurib choyni o‘zi quydi. — Dasturxonga qara, Zaynab! — Ishtihom bo‘g‘ildi... — Manim aytkanimni qilsang ishtihong ham ochiladir. — Erim... erimni ko‘zim qanday qiysin. — Javob so‘rasang, — dedi kulib Xushro‘y, — seni taloq qilish uchun eringning ko‘zi qiyadimi? — Bilmayman... — Albatta yaxshi bilasan, qiyadi! Ammo sen ahmoq-san, ko‘rpangga qarab oyoq uzatishni, qars ikki qo‘ldan chiqishini bilmaysan! — Etagingni qoqib ketaber, deysizmi? — Chunki shundan boshqa chorang yo‘q! — Sen hasratda o‘l, kundashing yayrab-yashnasin, shumi maqsadingiz? — Hozir hasratda emasmisan, kundashing yayramaydimi? — Tuzik, — dedi Zaynab, — lekin har qadamda uning huzurini buzaman, bir cho‘qitib o‘n qarataman. Xushro‘y kuldi: — Bundan nima chiqadi? — Ishqilib kelgindini tinchitmayman. — Sen tinchitmasang, — dedi Xushro‘y, — boshqalar seni tinchitar... — U nima deganingiz? — Ya’ni rohatini buzaversang, ering seni qo‘yar?.. Zaynab bu haqiqat oldida o‘ylanib qoldi. Xushro‘y o‘zining vahshiy ko‘zlari bilan singlisiga qarab kulimsi-rar edi. Bu kulimsirash orasi «qo‘lingdan nima keladi?» degandek bo‘lar edi. Zaynabning tusi shu choqg‘acha ko‘rilmagan ravishda o‘zgarib ketdi. Negadir tinmay oqib turg‘an ko‘z yoshisi ham quridi va tovshida ham hanuz eshitilmagan keskin bir ohang bor edi: — Esimni kiritdingiz, opa, — dedi, — rahmat sizga. — Rahmatingni menga aytma, — dedi Xushro‘y, — ishonsang yuragingga aytarsan... O'tkan kunlar — 56. Oy-kuni yaqin edi Kumushning oy-kuni yaqin edi. Nabiralik bo‘la-dirg‘an O‘zbek oyimning ishi boshidan oshqan, Kumushning oyi tug‘masdanoq ul beshik yasatish bilan mashg‘ul edi. Doyacha kim, aqiqaga nechta qo‘y kerak, nechanchi kunda to‘y o‘tkaziladir, nechta erkak, nechta xotin aytiladir va kimlar? Mana shuningdek masalalar bilan O‘zbek oyimning miyasi juda shishkan edi. Kumushda ko‘rilgan ba’zi nishonalarga binoan nabirasining o‘g‘ul bo‘lishida shubha qilmas — «o‘g‘ul tug‘asan, Kumush, men ham Otabekni senga o‘xshash yengil ko‘targan edim», der edi. Kumushni xizmatdan bo‘shatilib ba’zi o‘choq-boshi yumishlarini Zaynab idorasiga topshirilg‘anig‘a endi bir oylab bor. O‘zbek oyim nabira masalasida qancha xursand bo‘lsa, Otabek shunchalik xafa, chunki Kumushni ko‘rgan sayin usta Alim foji’asini xotirlar edi. Yusufbek hoji ma’lum aldanishdan so‘ng yurt ishidan qo‘l yuvg‘an, ko‘b vaqtini mehmonxonada «Qur’on» va «Daloyil» o‘qub kechirar, kundash orasi buzilib, o‘rtadan so‘z chiqg‘anini goho eshitsa, ikkala kelinni o‘z oldig‘a chaqirtirib, ularni qator o‘tqazar edi. Avvalo Kumushdan o‘pka qilib: «Oyim, har nima siz kattasiz, Zaynab yosh, kattadan-kichikka shafqat lozim, mundog‘ yaxshi emas!» va Zaynabka qarab: «Bolam Zaynab otin! Sizdan hali yoshlik g‘ururi ketmagan, lekin manim bolam bo‘lg‘an-lig‘ingizni siz ham unutmang!» der va shuning singari yumshoq gaplardan keyin ikkisini duo qilib bir-birisiga salom berdirar — «ana, shundog‘ bo‘lsin, opoq qizlarim!» deb ketishka ruxsat berar edi. Ular ketkandan keyin albatta O‘zbek oyim eri yonig‘a kirar, hoji bo‘lsa xotinig‘a sizsirab: «Siz ikki kelin ushlashni bilmabsiz, Zaynabka jabr qilg‘an ko‘rinasiz, ayniqsa Zaynabning ko‘ngliga qarashingiz kerak, Otabekka ham nasihatingiz lozim!» der edi. O‘zbek oyim shunday kezlarda Kumushning yonini olib «Zaynabni xudoy ko‘tarsin, ayb o‘zida...» deya boshlasa, hoji uning og‘zini arang to‘xtatur: «Sekin-sekin, uyat! Qayin ona deganning adl turishi lozim. Zaynab siz bilan manim orzu havasimiz emasmidi?» Ammo nabira masalasidagi O‘zbek oyimning ba’zi bir quyushqondan tashqari harakatlarini ham bosquchi yana hoji edi: «Zaynab bor, Zaynabni unutdingizmi. O‘z keliningiz Zaynabni!» Mundan o‘n besh kuncha ilgari Kumush onasig‘a bir xat yozg‘an edikim, ahamiyatiga ko‘ra biz bu o‘rinda ko‘chiramiz: «Onajon, kuyavingizning yozg‘anlaridan tashqari men sizga shu bilan oltinchi xat yozdim. Ammo sizdan uchta va dadamdan ikkita xat oldim. Ayniqsa dadamning keyingi xatidagi qora xabar bilan dori dunyo ko‘zimga toraydi. O‘lim haq, ammo bechora buvim jon berar ekan, yonida turib duosini olib qolmag‘anim uchun ko‘b hasrat chekdim. Ayniqsa musofirchiligim yomon asar qildi. Ko‘z yoshlarim bilan yuzimni yuvdim. Bu kun beshinchi kundan beri rahmatlik buvim arvohig‘a atab qur’on boshladim, xatim qilib bag‘ishlayman. Xudo g‘ariqi rahmat qilsin, sizga sabr bersin. Endi musofir qizingizning baxtiga siz o‘lmang, omin. Ba’da ma’lum bo‘lsinki, alhamdulilloh kuyavingiz va qudalaringiz salomatdirlar va ularning soyalarida men qizingiz ham o‘ynab-kulib yuribman. Sizni va otamni juda sog‘indim, agarda og‘ir oyoq bo‘lmasam edi, qish bo‘lishig‘a qaramasdan Marg‘ilong‘a jo‘nar edim. Qudangiz — qayin onamning so‘ziga qarag‘anda, kelasi oyg‘a ko‘zim yorir emish. Qudangiz meni na yerga va na ko‘kka ishonadir, o‘n besh kundan beri qo‘limni sovuq suvga ham urdirmay qo‘ydi. O‘zi go‘yoki to‘yga hozir-lang‘andek beshik yasab, sarpa tikib yuriydir... Manim bo‘lsa nima uchundir yuragimda bir qo‘rquv bor... O‘tkan xatlarimda kundashim bilan mirosamiz kelishmay turganini kulguluk tarzida yozg‘an edim. Nafsilamrda ersa, oramiz juda buzilg‘an, men ham o‘shal vaqtlarda chin kundashlik to‘nini kiygan edim. Zaynabning bitmas xusumati esa g‘olibo manim ikki qatlig‘im oshkor bo‘lg‘an kundan boshlandi. Sizning boshingizdan kundashlik savdosi o‘tmagan bo‘lsa ham tushunsangiz kerak: biz ikav agar qo‘yib bersalar go‘yo birbirimizni yeb-ichmakchi edik... U kunlardagi holimdan o‘zimga endi hisob berishka ham uyalaman... Yaxshiki, bizning mojarolardan qayin otam juda siyrak xabardor bo‘ldi. Shundog‘ ham bo‘lsa bu janjallar goho uning qulog‘ig‘a yetib qolar va biz ikki yov uning oldig‘a chaqirilib nasihatini eshitar va lekin yana yomonlig‘imizdan qolmas edik. Siz ranjisangiz ham aytay: qayin otamni o‘z dadamdan ham yaxshi ko‘raman. Bu yaxshi ko‘rishim kuyavingizning dadasi bo‘lg‘ani uchun emas, balki uning nur ichiga cho‘milg‘andek bo‘lib ko‘ringan siymosini, oyim deb xitob qilg‘andagi muloyim, beozor va muassir so‘zini yaxshi ko‘raman. Ul nasihat uchun og‘iz ochsa vujudim erib ketkandek va bir turluk uxlab huzurlang‘andek. Qisqasi, Zaynab bilan janjallashishning o‘zi bir huzur va janjaldan bo‘shalg‘ach, qayin otamning qarshisig‘a o‘lturib nasihat eshitish undan ham yaxshi huzur... Siz manim telba so‘zlarimdan achchig‘lanmang. Agar bu gapimning to‘g‘rilig‘ini bilmakchi bo‘lsangiz, Toshkand kelingizda, qayin otamning nasihatini o‘z qulog‘ingiz bilan eshiting-da, undan keyin so‘zimga qiymat bering. Shu yo‘sun Zaynab bilan uyatsizcha ko‘b olishdiq, bu it-mushuklikdan biz zerikmasakda, kuyavingizning jonidan to‘ydirayozdiq. Mundan bir muncha ilgari ul biz ikki kundashning yuzimizga: «Agar shu holda davom etabersalaring ikavlaringga ham barobar javob berib quti-laman!» dedi. Uning bu tahdidi ikkimizga emas, balki bittamizgagina xos edi. Men bu tahdiddan albatta qo‘rqmadim, ammo «Zaynab tushunib qolmasa yaxshi edi», deb qo‘rqdim. Darvoqi’ natija men qo‘rqqancha bo‘ldi. Zaynab bu tahdiddan so‘ng onasining uyiga arazlagannamo ketib qoldi. Ulardan ham yaxshig‘ina dakki yegan bo‘lsa kerak, bir necha kundan so‘ng yovoshqina bo‘lib qaytib keldi. Endi shu voqi’aga ikki oy chamasi vaqt o‘tdi va lekin oramizdan janjal chiqmadi. Men jo‘rttaga ba’zi gaplarni teskarilikka olib ko‘rsam ham ul churq etmaydir. Uning bu holi ersa manim uchun yaxshi emas, ul yana ko‘b vaqt bizning oramizda tikan bo‘lmoqchi... Kelasi oydan juda yuragim uyushadir... Kechalari ko‘kka qarab kelasi oy shu kunlarda yorug‘ dunyoda bormanmi, yo‘qmanmi deyman... Oysha buvim marhum bo‘lmag‘anda shu oy ichi o‘zingiz Toshkandga yetib kelar edingiz. Aza hamma vaqt topiladi desangiz, qizingizning ko‘ngli uchun hali ham kelganingiz yaxshi. Dadamga manim arzimni aytsangiz, albatta qaytarmas. Mendan dadamga behad salom. Kelasi oydan qo‘rqaman... Ko‘rishalmasak mendan rozi bo‘ling, dadam va boshqa yoru do‘slar ham. Kumush yozdim. Toshkand, 1269-inchi yil 1-qavs oyida». Kumush o‘z xatida yozg‘anidek, darhaqiqat, Zaynab shu keyingi kunlarda yovoshka tortqan, o‘n og‘izg‘a bir og‘iz so‘z qaytarmas, tinchkina, muloyimgina, ya’ni mundan bir yil burung‘icha edi. Qayin ona tarafidan «Opangning ko‘zi yorir vaqti yetdi, o‘choqboshi ishla-ringni endi o‘z qo‘lingg‘a ol!» deb qiling‘an taklifni mamnuniyat bilan qabul etib, hatto Oybodoq onani ham o‘choqboshi yumishidan xalos eta yozg‘an, unga faqat havli supurish, uy yig‘ish va shunga o‘xshash mayda ishlarnigina qoldirg‘an edi. Zaynabdagi bu o‘zgarish faqat haligi taraf bilangina qolmay, eri to‘g‘risida ham shundog‘ edi. Otabek o‘z yonig‘a kirsa — kirdingmi demas va kirmasa — kirmading demas edi. Erining ba’zi bir samimiyati qorong‘uroq muomalalariga qarshi Zaynab ham muhmalrak qilib kulib qo‘yar edi. Oy tug‘ib, mo‘ljal yaqin yetdi. Marg‘ilondan ham Oftob oyimning yo‘lg‘a chiqish xabari keldi. Lekin Kumushda ma’lum og‘riq boshlang‘an edi. Og‘riqning birinchi kuni Kumush hech kimga sezdirmay yurdi. Ammo ikkinchi kun buni boshlab Otabek, undan keyin O‘zbek oyim sezdi. Otabek ma’lum xavf ostida bu sirdan kishiga og‘iz ochish uchun o‘zida majol topmasa ham, O‘zbek oyim darrav Hasanalini mundan olti oy ilgari belgulanib qo‘yilg‘an doya xoting‘a yugurtirdi. Doya kelgandan so‘ng ichkari havli erkak zotidan tozalandi. Kumushni o‘qtin-o‘qtin og‘riq ushlamakda, doya xotin va O‘zbek oyim unga o‘zlari bilgan udimlar bilan yordamlashmoqda edilar. Kechka tomon dard juda kuchayib ketdi, o‘qtin-o‘qtin dambadamga alishindi. Tashqarida Otabek yo‘q edi. Hasanali darboza bilan mehmonxona orasida qo‘liniqo‘ lig‘a ishqab yurinib turar va qayta-qayta axtaxonag‘a kirib to‘riq yo‘rg‘aning u yer, bu yerini supirar edi. Hoji bo‘lsa xursand va xafaligi noma’lum bir qiyofatda «Daloyil» o‘qur edi, har besh daqiqada ichkari tomong‘a quloq solib to‘xtar, goho darichadan Hasanalini chaqirib «tinchlikmi» deb so‘rar edi. Ular masjiddan shomni o‘qub kirgach, ichkaridan Oybodoq kechlik olib chiqdi. Undan na Hasanali va na hoji og‘iz ochib hol so‘ramadilar. Taom ustida Otabekning yo‘qlig‘i ham his etilmadi. So‘zlashmasdang‘ina lagandan bir muncha cho‘qig‘an bo‘ldilar-da, qo‘l artishdilar. — Xuftan aytildimi? — deb so‘radi hoji. — Eshitmadim... Chiqa bersak ham bo‘lar, — dedi Hasanali. Shu vaqt ichkaridan xotinlarning favqulodda qiy-chuv tovushlari eshitilib, ikkisining ham quloqlari tikkaydi va qo‘rqa-pisa bir-birlariga qarashdilar. Qiy-chuv orasidan zaif yig‘i tovshi ham kelib qo‘ydi... Ikkisi bir muncha kulimsirab oldilar, lekin shundog‘ bo‘lsa ham yana churq etib og‘iz ochmadilar. Oradan ko‘b fursat o‘tmadi, ichkaridan Oybodoq yugurib chiqdi va darichadan turib «so‘yinchi!» dedi. Hoji yonchig‘ini kavlay berib «alhamdulilloh» deb qo‘ydi. Hasanali ham iljayib yonchiq kavlashka tutindi va: — O‘g‘ulmi, holva? — deb so‘radi xotinidan. — O‘g‘ul! — Barakalla. Hoji kulimsirab qo‘lidag‘i uch-to‘rtta oq tanga bilan bitta tillani Oybodoqqa uzatdi — «Tangalarni o‘zing ol, tillani doyachaga ber!» dedi. Hasanali so‘yinchisini topshirg‘andan so‘ng duog‘a qo‘l ochdi: «Olloh taolo umri bilan bergan bo‘lsin». Shundan keyin xotirjam’ bo‘lg‘an holda xuftanga ketdilar. Otabek mehmonxonaga yaqinlashishi bilan chaqaloq yig‘isini eshitib ixtiyorsiz ichkari havlig‘a tomon burildi va yo‘lakda onasig‘a yo‘liqdi. Qorong‘u bo‘lsa ham O‘zbek oyimning tusidagi shodliq belgulari ochiq ko‘rinib turar edi: — O‘g‘ul muborak bo‘lsun, bolam! — O‘zi tetikmi? — Tetik! — Oldig‘a kiraymi? — Yo‘q, — dedi O‘zbek oyim, — chillalik uyga kechasi ko‘chadan kelib kirish yaxshi emas... Ichkari kirsang to‘g‘ri Zaynabning oldig‘a bor. Dadang shundami? — O‘zi?.. — O‘zi yaxshi, xotirjam bo‘l, — dedi O‘zbek oyim, orqasig‘a qaytdi. Otabek ketiga burilib tashqari yo‘lak-dan kirguchi dadasi bilan Hasanali sharpasini oldi va o‘ylanib to‘xtadi. Ayniqsa hozirgi paytda dadasi bilan to‘qnashish uning uchun bir oz o‘ngg‘aysizroq tuyulgan edi. Shu yo‘sun bir muncha vaqt yo‘lakda turib, so‘ngra ichkariga tomon yurdi. Zaynabning uyiga o‘tar ekan, bir necha qayta Kumush yotqan uy tarafka qarab oldi. — O‘g‘ul muborak bo‘lsin! Zaynab erini shu so‘z bilan kulib qarshiladi, Otabek ham kulimsirab «qutlug‘ bo‘lsin!» deb qo‘ydi. O‘lturgandan keyin Zaynab o‘zicha kulindi: — Haligi... — dedi. «Haligi» dan keyin aytadirgan jumlasini unutib qo‘ydimi yoki o‘ylab qoldimi, nima bo‘lsa ham aytalmadi. Otabek uning og‘zini kulimsiragan holda bir oz kutib «xo‘sh, haligi...?» deb so‘radi. — Haligi... — Uyog‘i? — Oti qursin... ha, aytkandek, oshingizni yeysizmi? — Yeyman. — Sovib qolmag‘an bo‘lsa — shu. Otabek ertadan beri hech narsa yemab edi. — Qandog‘ bo‘lsa ham, — dedi. Hozir Zaynabning chehrasi ochiqroq ko‘rinsa ham, ammo bu ochiq chehraning zamirida uni jiddiyroq mashg‘ul qilg‘an yana bir gap bordek, ya’ni ko‘rinishdan shoshqanliq va yo shuning singari bir hol uning shu ochiq chehrasi ostig‘a yashiring‘andek edi. Zaynabning o‘n besh daqiqaliq muomalasida Otabek yuqorig‘i kabi «esdan chiqarish» holatiga bir necha qayta uchradi va oxirda so‘ramoqqa majbur bo‘ldi: — Nega holingiz parishon? Zaynab kuldi: — Nega parishon bo‘lsin. — Manim ko‘zimga parishon ko‘rinasiz. — To‘g‘ri, — dedi Zaynab, — qo‘rqdim... — Nimadan qo‘rqdingiz? — Tug‘ishdan... — Qiynaldimi? — Qiynalish ham gapmi, — dedi Zaynab, — o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rmaganingiz uchun ishonmaysiz. — Oyim mundog‘ demagan edi-ku? — Sizdan yashirg‘anlar. Otabekning yuragi juda uyushib ketdi. Hatto kundashini parishoni xotir qilg‘an bu gap Otabekka qandog‘ ta’sir qilishi ko‘b tafsilga muhtoj emas. Bu to‘g‘rida Zaynabka yana savol tashlab tafsilot olishdan qo‘rqdi, ham uzoq o‘lturolmadi. Choyini naridan-beri ichib, o‘runini to‘shatib yotdi. Zaynab sham’ni o‘chirdi. Hali yotmoqqa vaqt erta edi — Zaynab Kumushlik uyga — xotinlar oldig‘a chiqib ketdi. Otabek uxlash uchun yotqan bo‘lsa ham haligi gap uni ko‘z yumdirmay qo‘ydi, o‘ng, so‘l, chalqancha yotib boqar edi. Lekin Zaynabning «qiynalish ham gapmi?» jumlasi qulog‘i ostidan ketmas edi... Kumushning uyidan keti uzilmay kelib turg‘an xotinlarning g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘iri ham uning uyqusig‘a xalal berar va ora-chora go‘dakning yig‘lag‘an tovshi ham eshitilar edi. Bu ma’sum tovushqa qarshi unda bir xil yaqinliq — otaliq hissi qo‘zg‘alg‘andek bo‘lsa ham, ammo boshqa qora xayollar ichida tez yo‘qolur edi. Shu yo‘sun ivir-jivir, achchig‘ va chuchuk holat ichida uxlab ketdi. Bir-ikki kun mi-yonasidagi kechinmalar turlik rang bilan uning uyquliq dimog‘ida akslana boshladilar... Cho‘chib uyg‘ondi... Yonida Kumush... Zaynab yo‘q edi. Uyquliq ko‘zi bilan narigi uyga quloq soldi, hanuz boyag‘i tovushni eshitdi va o‘ng yonini bosib ko‘rpaga burkandi, mundan keyin tinch uxlab ketdi... Tush ko‘rar edi: «Chamanda gullar ochilg‘an emish... Bu gulshan uning o‘ziniki emish... Ul rango-rang chechaklardan ko‘zini ololmas emish. Tevarakka kelgan yovdan xavf bor emish... Xanjarini ushlab yovg‘a qarshi chiqg‘an emish... Yov qochqan emish... Yov orasida onasi ham bor, otasi ham ko‘rinar emish... Qaytib chamanga kirsa bir sigir gulni bosib, yanchib o‘tlab yurg‘an emish... Bu holdan o‘zini unutkan va qo‘lidag‘i xanjari bilan sigirga yugirgan emish... Sigir emas — sariq sochlik albasti emish... Darmonsizlang‘an va xanjari qo‘lidan tushkan emish... Dunyoni qorong‘uliq bosqan emish...» Cho‘chib uyg‘ondi va o‘z yonida uxlab yotqan Zaynabni ko‘rdi. Haligi bosinqirashdan yuragi gup-gup urar va vujudini ter bosqan edi. Sekingina o‘ng yonig‘a ag‘darilib havli tomong‘a qarab yotdi. Uning ag‘darilishi bilan Zaynabning ko‘zi ohistag‘ina ochilib yana yopildi. Vaqt saharga yaqin, tevarakdagi xo‘rozlar ketma-ket qichqirar edilar. Yaqin oradag‘i objuvoz poyko‘pining zarbi yerni silkitib-silkitib to‘lqin berar edi. Narigi uyda yonib yotqan sham’ nuri daricha tirqishidan milt-milt ko‘zga ilinur, ammo ship etkan tovush eshitilmas edi. Ul qaytib uxlayolmadi. Kumushning kechagi qiynalishi to‘g‘risida xayollanib ketdi. Subh azoni aytilib, sekin-sekin tong yorib bordi, mahalla masjididan ham azon tovshi kelgach, ul tahorat olmoq uchun qo‘zg‘aldi. Kumushning yonig‘a kirish qulay bo‘lsin, deb no-nishtani Zaynabning uyida qildi. O‘zbek oyim tarafidan kirish uchun ruxsat berilgan edi. Choydan keyin doyacha Kumush yonidan bir oz vaqtg‘a chiqib turdi. To‘rga Kumush yotqizilg‘an, uning oyog‘ tomonida O‘zbek oyim chaqaloqni ko‘tarib o‘lturgan edi. Otabek kirganda o‘zining siniqg‘an yuzi, ichkariga botinqirag‘an ko‘zi bilan Kumush iljayib unga qaradi. Otabek tutilinqirab, «muborak bo‘lsin!» dedi. Kumush javob o‘rniga uyalib yuzini ko‘rpaga yashirdi. O‘zbek oyim: — Berganga qulliq bo‘lsin, o‘ltur, — dedi. Otabek Kumushning bosh tomonig‘a o‘lturdi. O‘zbek oyim fotiha o‘qudi. So‘ngra chaqaloqni Otabekka yaqinlashdirib, — toychog‘imning ko‘rmanasini chiqar, dadasi. — Otabek qizarib bolag‘a qaradi, Kumush yuzini yana ko‘rpaga yashirib oldi. — O‘zingiz tuzikmisiz? — Shukur... — Qiynalibsiz, deb eshitdim... — Tug‘moq hazilmi senga, — dedi O‘zbek oyim. Kumush Otabekni o‘ziga imladi va qulog‘ig‘a shivirladi: «sizning gunohingizga...» — Xo‘rak qildingizmi? O‘zbek oyim: — Kechadan beri ichiga issig‘ kirgani yo‘q. Zaynabka aytay sutlik atala qilib bersin, — dedi. — Albatta! — dedi Otabek va onasig‘a bir tilla so‘yinchi bergandan so‘ng xotirjam’lik bilan uydan chiqdi. Tushlikdan keyin Otabek mehmonxonada kitob mutolaa qilur, dahlizda Hasanali uzilgan ot asboblarini ulab tikar, Hoji masjidgami, boshqag‘ami ketkan edi. Shu vaqt ichkaridan Oybodoq chiqib Otabek yonig‘a keldi: — Bek, siz uyga kirib chiqar emishsiz, — dedi. Otabek kitobni belguluk qilib yopdi: — Tinchlikmi? — Tinchlik... darrav kiring-chi! Otabek Oybodoq bilan ketma-ket ichkariga kirdi. Zaynab rangi o‘chkan holda Kumushning uyidan chiqib kelar edi. — Nima gap? — deb undan so‘radi Otabek. — Bilmadim, — dedi, — opam ko‘ngillari aynab qusyaptilar... Otabek eshik yonig‘a kelgandan so‘ng uydan bir necha xotin paranji yopinib chiqdilarda, ul uyga kirdi. O‘zbek oyim jom ushlag‘an, Kumush jomga o‘qchib qusar edi. — Nima bo‘ldi? Kumush javob beralmadi. — Bilmadim... boyatdan beri to‘xtovsiz qusyapti, — dedi O‘zbek oyim. Qusib charchag‘an Kumush holsiz-lanib boshini yostiqqa tashladi. O‘qchib yoshlang‘an ko‘zlari bilan eriga qarab oldi. — Yoqmaydirg‘an xo‘rak bergansiz. — Yoqmaydirg‘an hech narsa yegani yo‘q, — dedi onasi,— o‘sha ataladan boshqa xo‘rak qilmadi. Undan ham yarim kosagina ichdi. Qolg‘ani ana tokchada... O‘zbek oyimning gapi tugamasdan Kumush yana jomga intildi. Otabek uning boshini tutdi. — Tabib aytdiraymi? — Aytdir. Manim ham ko‘nglimga shu kelib turgan edi. Otabek Kumushning qusug‘i bitkuncha turdi-da, so‘ngra yugurib tashqarig‘a chiqdi. Hasanali hanuz boyag‘i ishda edi. — Ota, siz yugurib tabibga boring-chi! Hasanali ishini tashladi: — Nima gap? — Keliningiz boyadan beri qusar emish. Hasanali tabibga yugurdi. Otabek qaytib uyga kirdi. Chaqaloqni Zaynab ko‘targan, Kumush hamon qus-moqda... Kumush holsizlanib o‘zini yostiqqa oldi. Qovoq ostlari ko‘kargan, yonig‘a kelgan Otabekka ham qaramoqqa majolsiz edi. — Tuzikmisiz? — Ko‘nglim. Otabekning hamma badani titrab ketdi, shundog‘ bo‘lsa ham o‘zini qattig‘ ushladi: — Qatiq ichirib ko‘rdingizmi? — dedi onasig‘a. — Yo‘q. — Qatiq buyuring! Oybodoq qatiq keltirguncha Kumush yana jomga intildi. Bir-ikki o‘qchib qusqandan keyin, Otabekning qo‘lidag‘i suv bilan og‘zini chaydi va piyoladagi qatiqdan bir-ikki ho‘plab, o‘zini yostiqqa tashladi. Harorati kuchlik, yurak urishi favqulodda tez edi. Otabek uning manglayini qo‘li bilan bosib ushlagan edi, bir oz tinchigandek bo‘ldi. O‘zbek oyim burchakda bola ko‘tarib o‘lturgan Zaynabdan chaqaloqni olib, uni jomni to‘kib kelishka buyurdi. Otabekni manglayida turg‘an qo‘li qizib ketib, ikkinchi qo‘lini almashdirishg‘a majbur bo‘ldi. Manglayida sovuqliq his etib Kumush ko‘zini ochdi. — Ko‘nglingiz bosildimi? Kumush javob o‘rnida yostiqdan qo‘zg‘aldi. Jom yo‘q edi. Otabek shoshib tokchadag‘i xitoyi norin tovoqni oldi. Kumush qusdi. Bu gal qusuq boyag‘i qatiq aralash ko‘kimtil va sarg‘imtil narsalar edi. Og‘zini chayg‘andan keyin Otabek qatiqni taklif qilg‘an edi, ichmadi va o‘zini yostiqqa otdi... Tabib keldi xabarini eshitib, Otabek jonlang‘andek bo‘ldi. Uy eshigiga jom ko‘tarib kelgan Zaynab keyiniga qaytdi. O‘zbek oyim ham chaqaloqni ko‘tarib uydan chiqdi. Otabek tabibning hurmatiga turishni unutib Kumushning manglayini bosqancha o‘lturar edi. Tabib Otabekdan voqi’ani so‘rab bilgandan so‘ng Kumushning tomirini ko‘rib labini tishlab qoldi va tovoqdag‘i qusuqni hidlab qaradi: — Bu kun nima xo‘rak qilg‘an ekan? — Atala. — O‘sha taomdan bir oz qolg‘ani bormikin? — Bor! — dedi Otabek va boya onasi ko‘rsatkan joydan kosani olib tabib qo‘lig‘a berdi.Tabib kosadan barmog‘ig‘a bir oz elashdirib yaladi va darrav tuflab tashladi. — Zahar ichibti! Otabek sapchib ketdi, tusi qo‘rqunch holga kirgan edi... — Bekor gap! Tabib Otabekning hozirgi holatidan dahshatka keldi... — Men hozir daf’i uchun doru yuboraman, — dedi va qo‘zg‘aldi. Otabek ham uning bilan birgalashib o‘rnidan turdi: — Zaharni kim beradi? Nima deyishka ham hayron tabib: — Man... man... o‘zingiz o‘ylab ko‘ring-chi... Man darrav doru yuboray, darrav ichiring, tuzikmi? — dedi. — Bildim, bildim! — dedi bechora Otabek. — Zay-nab, Zaynab, Zaynab... Jalab! Yuboring, yuboring, darrav yuboring! Tabib ketdi, Otabek telbalarcha yugurib Kumushning boshig‘a keldi, yuzini ochib manglayini bosdi va o‘pdi... Kumush ko‘zini ochib kuch bilan so‘l qo‘lini erining yelkasiga tashladi... Qo‘lida chaqaloq bilan O‘zbek oyim kirdi. — Zaynabni chaqir, Zaynabni! O‘zbek oyim tabib so‘zidan xabardor edi: — Zaynab! Zaynab! Zaynab yugurib uyga kirdi. Tusi murdadek oqarg‘an edi. Otabek Kumushni qo‘yib yerdagi atalani oldi: — Ich muni, ich jalab! Zaynab orqag‘a tislandi... Otabek kosani unga otdi... Zaynabning kiyimi atala bilan belandi. Shuning ustiga dahlizdan Yusufbek hoji ko‘rindi. — Ket jalab, ket! Taloqsan, taloq! «Taloq» so‘zini eshitkan Kumushning ko‘zi yarq etib ochilib, yana yumildi... Hoji voqi’ani tabibdan eshitkan, shuning uchun hozirgi fojia’ sahnasidan ajablanib turmadi. — Chiq, Zaynab, chiq! — dedi ul ham, — la’nat sendek xoting‘a! Zaynab chetlanib uydan chiqdi... Hoji Kumushning boshig‘a kelib o‘lturdi. Otabek va onasi oyog‘ ustida edilar, Kumushning ko‘zi yumiq, sochlari yuzi ustida pari-shon edi. Hoji o‘z qo‘li bilan sochlarni tuzatib Kumushning ko‘kimtil tovlang‘an yuzini ko‘rdi va manglayini bosdi... — Oyim... Oyim!.. — dedi hoji. Kumush ko‘zini ochib besaranjom unga nazar tashladi va tanib... qo‘zg‘almoqchi bo‘ldi. — Qo‘zg‘almang, oyim... qo‘zg‘almang! Kumushning ko‘z yoshisi chakkasidan oqib tushdi... Hoji ham o‘zini to‘xtatolmay, Kumushning yoshini artib, boshini siladi: — Xudo shifo berar, bolam! Kumush jomga qo‘zg‘aldi, Otabek kelib qo‘ltiqladi, hoji ham uning boshini tutdi... Bu gal qusuq qong‘a aylangan edi, burnidan ham bir necha tomchi qon oqdi... Qusub yotg‘ach, ko‘zi yarqillab ochilib ketdi va tevaragiga betoqat qarandi: — Oyi... dada... — so‘ngra, — begim, — deb ingrandi... Erining yuzini yuziga qo‘ydi, uyalg‘ansumon ko‘zini yumdi... Ertasi kun dafn marosimi bo‘ldi. Janozag‘a Toshkandning har bir mahallasidan deyarlik kishilar ishtirok qildi. Faqat maqtulaning eng yaqinlarig‘ina bu tantanaga yetib kelalmadilar. Bechora ona, bechora ota!.. Uchunchi kun ular ham kelib yetdilar... Ularning hozirgi holini tasvir etish mumkinmi?! Yettinchi kun xatmi qur’on qilinib xalqg‘a osh berildi va shu munosabat bilan chaqaloqqa «Yodgorbek» deb ism qo‘yildi. Kumushning yaqinlarig‘ina emas, balki foji’adan xabardor bo‘lg‘an shaharning kattakichigi Zaynabka beriladirgan jazoni erta-kech kutmakda edilar. Biroq foji’aning o‘ninchi kunlarida Zaynabning jinni bo‘lib, ochiq ko‘yi ko‘chada yurgan xabari va og‘asi tomonidan ushlanib kishanga soling‘an mojarosi eshitildi. Zaynabning jununi qozilar va tabiblar tarafidan ham tasdiq etilgach, uning ustidagi jazo ko‘tarildi. Darhaqiqat, aqldan ozib ko‘chalarda ochiq kezish va kishanga tushishning o‘zi ham Zaynab uchun kichkina jazo hisoblanmas edi. Foji’aning yigirmanchi kunida yana xatmi qur’on qilinib, butun yurtka osh berilgandan so‘ng, bechora bolu paridan ayrilg‘anlar Marg‘ilong‘a qaytish harakatiga tushdilar. Yodgorbek ham Oftob oyimning quchog‘ida ketmakchi, uning olib ketilishiga qarshi hech kim yo‘q edi. Eng keyingi vido’lashish kuni yetdi. Otabek, qutidor va Oftob oyim (...) qabristonining ikki tup qurig‘an chinor yog‘ochi orasig‘a turg‘uzilg‘an yangi xishtin sag‘ana qarshisida to‘xtadilar. Sag‘ananing o‘ng boshidag‘i toshdan o‘yib yasalg‘an lavha ko‘zga chaqilib turar edi: La ilaha illa-ollohu Muhammadu-rasul-ulloh Hazihil markadul munavvaratu lil mazlumatil mashhudati al-mag‘furati. Kumushbibi binti Mirzakarim Marg‘inoniy, tarixi tavalludi 1248. Vafoti 1269-yil hijriy, jumod-ul-avval. Bu lavha bir dilporadan husn sanamiga yodgordir. Bunda madfun kundash balosining namoyon bir qurbonidir. Ayo charx, etding ortuq jabr bunyod, Ko‘zim yoshlig‘, tilimda qoldi faryod. Hayotim lolazoridin ayurding, Yoqib jonim, kulim ko‘kka sovurding. Bechora ona chidalmadi, qabrni quchog‘lab uvvos tortdi. Otabek ham qabr yonig‘a tiz cho‘kib, ko‘z yoshisi bilan tuproqni loy qila berdi... Qutidor lavha qarshisida edi. Lavhani o‘qub chiqgandan keyin ul ham piq-piq yig‘lab yubordi. Yarim soat chamasi shul holda qoldilar. Qur’on o‘qushg‘a hech kimda majol yo‘q edi. Qarshidag‘i binoga Yusufbek hoji tarafidan qo‘yilg‘an qori bularning holiga tushundi. Sekin-sekin qorixonadan chiqib keldi va narida o‘lturib qur’on o‘qudi. Oftob oyimning nolasi bosilsa ham, lekin ko‘z yoshisi tiyilmadi. Bir ulgina emas, anovlar ham shu holda edilar. Fotiha tortilg‘andan so‘ng qutidor va Oftob oyim qorig‘a pul berdilar. Qori ketkandan keyin har qaysilari o‘zlarini bosib alohida-alohida qur’on o‘qub bag‘ishladilar, so‘ngra ohista-ohista yo‘l olib qabr bilan vido’lashdilar. Go‘yo Kumush «mendan rozi bo‘ling!..» deb onasig‘a xitob qilar, Oftob oyim orqasig‘a qaray-qaray yig‘lab kelar edi... Otabek ularni uyga qo‘yib, qabr yonig‘a keldi va tuni bilan shunda qoldi. Erta bilan Hasanali aravani qo‘shib tayyorlag‘an, mayda-chuyda aravaga tashilar edi. Eng keyinda Oftob oyim Kumushning kiyimlari bilan Yodgorbekni ko‘tarib chiqdi, keyinroq Yusufbek hoji bilan qutidor ko‘rindilar. Qutidor vidolashib aravaga chiqg‘anda ko‘cha tarafdan Otabek kela berdi, kelib otning jilovini ushladi va ot ustiga mingan Hasanaliga — «tushing otdan!» dedi. Hasanali otdan tushdi. Otabek irg‘ib otqa mindi va qutidordan so‘radi: — Otni haydaymi? Qutidor bilan hoji tushunisholmay bir-birlariga qarashdilar. Yo‘lakda turgan O‘zbek oyim darbozadan mo‘ralab qo‘ydi. Qutidor indamagani uchun Otabek o‘zicha otni haydab yubordi. — Xayr! — Xo‘sh! Marg‘ilong‘a jo‘naydirg‘an Hasanali gangib ko‘cha-ning o‘rtasidan hojig‘a qaradi. Hoji yo‘lakdagi oyimg‘a yer ostidan ko‘z qirini tashladi... Otabek ortig‘a qaramasdan aravani haydar edi... O'tkan kunlar — 57. Xotima Bir yildan so‘ng Otabek usta Alim bilan birga Toshkand keldi. Hoji va O‘zbek oyim og‘iz ochib undan ranjiy olmadilar. Ul mehmonlar kabi edi. Na otasi va na onasi bilan ochilib so‘zlashmadi. Usta Alim bilan bir hafta chamasi Toshkandda turib eng so‘ngg‘i kech yolg‘iz ko‘yi Kumush qabri yonida bo‘ldi. Kecha oydin, qabriston tib-tinch, uzog‘roqdan qur’on tovshi eshitilar edi. Ikki tub chinor butoqlarida qo‘nib o‘lturgan uchto‘ rtta boyqushlar, qabr yonig‘a tizlangan Otabek va yuqori, quyi do‘mbaygan qabrlar bu tilovatka somi’ kabi edilar. Qur’on oyatlari qabriston ichiga og‘ir ohangda oqar edi. Qabr yonig‘a tiz cho‘kkan yigitning ko‘z yoshlari ham qur’on oyatlariga qo‘shilishib oqar edi. Birar soatdan keyin tilovat to‘xtaldi. Otabek holsizlanib oyog‘ uzra turdi va orqasidag‘i yarim yalang‘och ko‘lagani ko‘rib bir necha qadam qabr tomong‘a tislandi... Ko‘laga yaling‘an sumol unga yaqin yurib keldi... — Kim bu? — Men Kumush!.. Otabek tovush egasini tanidi. Bu majnuna Zaynab edi. — Ket mundan! — Men Kumush! — dedi yana Zaynab, ammo ketmay iloji qolmadi. Zeroki dunyodag‘i eng yaqin kishisi unga «ket!» amrini bergan edi. Zaynab orqasig‘a qaray-qaray Otabekdan uzoqlashdi. Otabek qaytib unga qaramadi, qabr yonig‘a tiz cho‘kdi... Ertasi kun O‘zbek oyim yig‘lay-yig‘lay Yodgorbek uchun tikdirgan kiyimlarini o‘g‘lig‘a topshirdi. Otabek usta Alim bilan birga Marg‘ilong‘a jo‘nadi. Bundan so‘ng Otabek Toshkandga qaytib kelmadi, bir necha qayta O‘zbek oyimning o‘zi Marg‘ilon borib keldi. 1277-nchi yilning kuz kezlarida bo‘lsa kerak, Yusuf-bek hoji Qanoatshodan bir xat oldi. Qanoatsho Avliyo otadan yozar edi. «O‘g‘lingiz Otabek yana bir kishi bilan bizning qo‘shunda edi. Olmaota ustidagi o‘rus bilan to‘qunish-mamizda birinchi safimizni shu ikki yigit oldi va qahramonona urushib shahid bo‘ldi. Men o‘z qo‘lim bilan ikkisini dafn etdim...» Yusufbek hoji xatmi qur’on qilib yurtka osh berdi, O‘zbek oyim qora kiyib ta’ziya ochdi. B i t d i YOZG‘UCHIDAN Keyingi Marg‘ilon borishimda yaqin o‘rtoqlardan Yodgorbek to‘g‘risini surishtirib bildim: Yodgorbek ushbu asrning o‘n to‘qqiz va yigirmanchi ochliq yillari miyonasida vafot qilib, undan ikki o‘g‘ul qolibdir. O‘g‘ullaridan bittasi bu kunda Marg‘ilonning mas’ul ishchilaridan bo‘lib, ikkinchisi Farg‘ona bosmachilari orasida ekan. Bu kunda nomu nishonsiz, o‘luk-tirigi ma’lum emas, deydilar. O'tkan kunlar — Yozg'uchidan Yozg‘uchidan Modomiki, biz yangi davrga oyoq qo‘ydik, bas, biz har bir yo‘sunda ham shu yangi davrning yangiliklari ketidan ergashamiz va shunga o‘xshash dostonchiliq, ro‘monchiliq va hikoyachiliqlarda ham yangarishg‘a, xalqimizni shu zamonning «Tohir-Zuhra»lari, «Chor darvesh»lari, «Farhod-Shirin» va «Bahromgo‘r»lari bilan tanishdirishka o‘zimizda majburiyat his etamiz. Yozmoqqa niyatlanganim ushbu — «O‘tkan kunlar», yangi zamon ro‘monchilig‘i bilan tanishish yo‘lida kichkina bir tajriba, yana to‘g‘risi, bir havasdir. Ma’lumki, har bir ishning ham yangi — ibtidoiy davrida talay kamchilik-lar bilan maydong‘a chiqishi, ahllarining yetishmaklari ila sekin-sekin tuzalib, takomulga yuz tutishi tabiiy bir holdir. Mana shuning daldasida havasimda jasorat etdim, havaskorlik orqasida kechaturgan qusur va xatolardan cho‘chib turmadim. Moziyg‘a qaytib ish ko‘rish xayrlik, deydilar. Shunga ko‘ra mavzu’ni moziydan, yaqin o‘tkan kunlardan, tari-ximizning eng kirlik, qora kunlari bo‘lg‘an keyingi «xon zamonlari»dan belguladim. Abdulla Qodiriy (Julqunboy) Og‘zingga qarab gapir «Turkiston»ning 36-sonida «Muxbirlarimizdan» bitgasi bir narsani yozibdirkim, o‘qub ko‘rib nax muxbirning og‘zini yorib yuborg‘um keldi. Axir, uying kuygur, sag‘al og‘zingga qarab gapir-da: — «Isroflik to‘y…» «Samarqandda o‘rtoq Qurbi o‘g‘ullarini kestirdi, uch-to‘rt kun to‘y berdi, bir-ikki milliard pul ketdi… To‘yg‘a isrof qilg‘an aqchasiyu! «Ko‘mak» uyushmasiga berganda falon bo‘lardi…» Zab kurakda turmag‘an vahmalarni qilibsan-da, inim! Sening «Ko‘mak» uyushmang bizning mulla Qurbining kori xayriga qancha ko‘mak berdi? Og‘zing bo‘lsa gapir-chi, betiyiq! Va yo bu vag‘ir-vug‘uring mulla Qurbining to‘yig‘a qilg‘an to‘yonangmi? Hayf senga-e! Samarqandlik mulla Qurbi bilan kamina toshkandlik mulla Julqunboyning onalari nima uchun tug‘ub tashladi? Doyachimiz nima deb tang‘layimizni ko‘tardi? — Yaxshi boylarg‘a kuyov bo‘l, uvalik-juvalik bo‘l, o‘g‘ullaringning to‘y-tomoshasini ko‘r!.. Ammo «To‘y qilaturg‘an pulingni «Ko‘mak»ga ber!» deyilmabdiku? Bas, shunday bo‘lg‘andan keyin biz ham besh kunlik dunyoda bola-chaqamizning orzu-havasini ko‘raylik. Chiq eshikka-e, tuf betingga-e… Muxbir degan har bir maza-bemazani xabar deb gazetaga yozavermaydir. Andisha kerak, rioya kerak. Agar men shundaqanggi beandishalik qilib yozabersam-chi, nax butun Toshkandni kiyib yuboraman. Tag‘in menim yozg‘anlarimning eng kichkinasi tuyadek bo‘lur. Yo‘q, men senlarga o‘xshash beandisha emasman. Agar men beandisha bo‘lsam: — Falon dahaning boshlig‘i, pismadonchi o‘rtoqning o‘zining yoshg‘ina xotunining ustiga yana bir xotun olmoq harakatida bo‘lub yurganini yaxshi bilaman, shuni yozsam bo‘lmasmi edi? Agar men rioyasiz bo‘lsam: — Tuppa-tuzuk ishboshi, yaxshig‘ina ongi bor bir taviya o‘rtog‘im qaydandir pul topib, imorat soldi, uning ketidan guvaladek pul isrof qilib, hovli to‘yi ham qilib berdi. O‘rtog‘imning qilgan ishi qip-qizil jinnilik, deb gazetaga yozsam qo‘limdan kelmasmi edi? Agar men andisha qilmasam; — Eski shahardagi solinaturg‘an teatru binosining muboshirlari kam xarju bolonishin deb «Jangoh»ga solib bergan teatrularida qurbaqalar teatru boshladilar deb xabar yozmasmi edim? Agar Eski shahardagi puli ko‘paygan xunasai notantilarning bir oz andishalari bo‘lsa: —Besh kunlab ayqirtirib qilg‘an to‘yimizni, o‘n milliardlab to‘yga qilgan isrofimizni mahallamizdagi ko‘ksini zaxga berib yotkan och-og‘riqqa berib, olqishlarini olsaq bo‘lmasmu? — deb andisha aylamasmi edilar? Har holda og‘izg‘a qarab gapirish kerak. Buning ustiga bir chimdim andisha ham kerak? So‘z uzoq erdi, muxtasar qildiq. Yomon ko‘b erdi, muttaham qildiq. Hozircha xayr: Olti yillik bazm Inqilobiy matbuot bazmimizning yoshi oltig‘a yetdi, deb bu kun o‘zbek qizil matbuotining chirmandakash va nog‘orachilari «To‘y ustiga to‘y» qilar ekanlarki, bu xabari jonso‘zni kecha eshitib, chuqur bir entikib qo‘ydim. Chunki faqiringiz bu bazmning a’zolaridan bir fard; barakallachilaridan bir mengrov; qiyquruqchilaridan bir tutal, ham charchamayturg‘an bir tentak chapakchisi edim. Shuning uchun bu to‘yda ishtirok etib, olti yillik bu bazmdan olg‘an taassurotimni yumaloq-yassi qilishim kerak bo‘lar edi. Ishtirok yo‘sunini uzoq o‘ylag‘ach, xotiri sharifimga xunuk-xunuk gaplar, chuchma-chuchmal ishlar kelib hayron bo‘ldim va bu galgi vazifamning nechog‘liq «xumsa» ham «dag‘al» ekanini ongladim. O‘ylay-o‘ylay, nihoyat otning boshini tortibroq ish ko‘rilsin, akalarning ensasi qotarliq gaplar bo‘lmasin, degan qarorni berdim. Faqiringiz bir xil akalardek qurbaqa ham laylaklardan misollar keltirib, falsafaga bo‘kib, o‘qug‘uchining miyasini qoqqach, qatig‘ini qo‘lig‘a berib o‘lturishni uncha do‘st tutmayman-da, to‘ppa-to‘g‘ri masalaning manbaiga qarab yo‘l solaman. Chunki hamma fisqu fasod manba’da bo‘ladir, manba’dan bir narsa topolmag‘anda qo‘lg‘a aso ushlab timiskilashning va kalga va na ko‘rga bir paqirlik foydasi yo‘qdir. Olti yillik matbuot bayramimizda ham shu xatti-harakatni ta’qib qilsam ish benihoyat yengil ko‘chib, kunduz kuni chiroq yoqib o‘g‘ri qidirishg‘a hojat qolmaydir. «Olti yillik qizil matbuotimizda kim nima ish qildi?» deb o‘zim-o‘zimga so‘roq bersam-da, buning javoblarini sanab ketsam, albatta, gapdan-gap, cho‘pdan-xas chiqib ish bemazaga aylanadir. Bas, endi nima ish qilish kerak? Manimcha, ishni astar-avra qilib o‘lturg‘andan ko‘ra shu olti yillik bazmdagi chirmandakashlarning nomai a’mollarini bir karra ko‘zdan kechirishning savobi yetmish yillik ibodatdan ortiqdir. Binoan alayhi, surnaychilarning nomai a’mol yoxud qisqacha tarjimai hollarini bir-bir ko‘zdan kechiraylik. Olti yillik qizil matbuotimizning birinchi mardi-maydonlaridan sanab, tepaning boshiga Fitrat bilan Nazir To‘raqullarni qo‘yamiz-da, ularga ojizona arz etamiz: «Mersi, sizlarga!» Shundan keyin bir oz rizosizliq vaziyatini olib aytmasak-da, aytkanday bo‘lamiz: Suqdan bo‘ldimi, mechkaydan bo‘ldimi, har nechuk-da yuqori ko‘chani qo‘yib, quyi ko‘chadan ketdingiz? To‘g‘ri ko‘chadan aljib, lo‘li ko‘chasiga burildingiz va shuning ila dovdiragan matbuotimizni qovjiratdingiz… Karnaychilarimizning uchunchisi Usmonxondir. To‘rt tomong‘a yugurib, tili bir yarim qarich osilg‘an; bir ko‘zi mag‘ribda, bir ko‘zi mashriqda; serharakatu bebarakat, bir kishini istab yurgan bo‘lsangiz, bevosita o‘rtoq Usmonxong‘a uchrashingiz… Ziyoda chimego‘yyam? Shoirlarimizning birinchisi Cho‘lpon afandidir. Bu kun qizil gulu erta nafarmon gul; hali dengizdagi cho‘b bo‘lsa, bir ozdan keyin dunyoni sel olg‘anda to‘pug‘ig‘a chiqarmayturg‘an, maslakida sobit, ahdida qoyim, ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan ajib bir qahramon. Uning olti yillik xizmati ham shu yo‘lda bo‘ldi. Ashurali domla «Sadoyi Farg‘ona»dan jonli bir tarix. Inqilob to‘lqini bir xil akalarni chetka qoqib turg‘an bo‘lsa, ammo Ashurali inqilob bilan birga oqdi, unga berilaturgan qiymatning markazi siqlati ham shundadir. Imlo to‘polonida domlalar safiga o‘tkan bo‘lsa ham, keyindan bir necha firibgar, ayniqsa, Abdulla Rahmatning avrog‘ig‘a osong‘ina aldandi. Abdulla Avloniy bir mahal garimsar tegib, kutulmagan joyda qorakosov bo‘lib qoldi. Hozirda o‘choq kavlashdan boshqag‘a yaramaydir. Mirmuhsin o‘rtoq to‘g‘risida nima deyishga ham hayronmiz. Matbuotimiz Mirmuhsindan foydalandimi yoki Mirmuhsin matbuotdanmi, har holda, shu ikkining biri bo‘lsa kerak. Sadriddin Ayniy inqilobning boshlarida bir muncha ishlab yurdi, undan keyin «Buxoro jallodlari»ni yozdi, shundan so‘ng o‘zi ham Buxoro jallodlarining qo‘lig‘a tushdi. Inna lillahi va inna ilayhi roji’un. Shahid Eson Istanbulning Turkistonga bo‘lg‘an yagona sovg‘asidir. Lekin shunisi ajabdirkim, Eson afandining so‘ziga matbuot tushunmag‘anidek, matbuotnikiga Eson afandi ham tushunmaydir. Bu uni bir pulga olmasa, u ham buni uch pulga olmaydir. Har holda, ayb do‘ldami, toshdami, buning hukmini kelgusiga havola qilamiz. Hoji Mu’in ibn Shukrulloning olti yillik umri tarjimai hol yozish bilan o‘tdi. Ishsiz qolg‘anida sog‘ kishilarning tarjimai holini so‘rab, yuraklarini orziqdirdi. Bir vaqtlarda mutavakkilan alollohi bittasini «o‘ldi»ga chiqarib «Zarafshon»da marhumning tarjimai holini yozib boshlag‘an edi, biroq taassufka qarshi «rahmatlik» o‘lmagan ekan, ya’ni marhumning o‘zi bilfe’l gazetada uzr yozib, Hoji Mu’inning yuziga bir shapaloq qo‘yib, arang tarjimai holchining changalidan qutilib oldi. Har nechukda Hoji Mu’in ko‘z ostig‘a olg‘an kishilari (mavzulari) ko‘b bo‘lsa ham, baxtka qarshi hamon marhum bo‘lmay, bechoraga tuzukrak ishlashga imkon bermay keladirlar. Bu jihat bilan qarag‘anda Hoji Mu’in afandi ma’zurdir. Olti yillik bazmimizda ishtirok qilg‘an tatar o‘rtoqlarning birinchisi Abdurahmon Sa’diydir. Tarelka tutish va boshqa anov-manov, oldi-qochdilarini istisno qilg‘anda xolis bir siymo bo‘lib qoladir. Ne’mat Hakim Abdurahmon Sa’diy bilan yoqa ushlashkanda tanda, bozorni yaxshig‘ina qizitqan edi. Sa’diy bilan og‘iz-burun o‘pushg‘ach, tomoshabin anqovlarni juda zeriktirib qo‘ydi. Izziddin Sayfulmuluk o‘zining yagona xizmatining samarasi bo‘lg‘an sifilisni birinchi galda Turkistonga taqdim etdi, minba’d undan so‘zak, sil, moxxov va boshqa yuqumliq kasallar kutamiz. Zarif Bashiriy bilar-bilmas lo‘lining eshagini sug‘orib, pulini olib keldi, uncha-muncha ig‘vosi ham yo‘q emas. Vali Allomo‘v (Nurmat) ajoyib bir iste’dodga molik tarjimondir. O‘zi haqiqatda elli og‘iz chamasi o‘zbekcha so‘z biladir. Lekin o‘zining favqulodda iste’dodi soyasida shu elli og‘iz dastmoyasi bilan o‘n ming kalimalik ma’nolarni ifoda qila oladir. O‘zbekcha so‘z qahatligiga uchralg‘an bir zamonda, Allomo‘v o‘rtoqning bu hunari shoyoni tahsin va taqdirdir. Yosh yozg‘uchilarimizning birisi bo‘lgan Sanjar o‘rtoq yalqovliqda yagona bo‘lib chiqdi. Ko‘rinishda ish po gorlo, haqiqatdachi; ehe… Vadud Mahmud o‘rtoq bir burodarimizning tasviricha «ko‘klam»dir, ko‘klamning yozi bilan kuzi qalay bo‘lishini hozirdan aytib qo‘ymoq noma’qul buzoqning go‘shtini yemakdir. O‘ktam afandini ham Sanjar bilan nikohlab qo‘ysaq ajoyib bir yalqovlar oilasi vujudga keltirgan bo‘lamiz. Yomonning bir qilig‘i ortiq, deganlaridek, bu qurg‘urimiz o‘lguncha mamadanai Xudo urgan bo‘lib chiqdi. Shokirjon Rahimiy pulni juda-juda yaxshi ko‘rganidek, «komandiro‘vkani» o‘shancha yomon ko‘radir. Pullik joyga o‘zini tomdan tashlaydir. Komandiro‘vka desang, bezgagi ushlaydi. Peshonasi keng, tomoqning zavoli. Ziyo Said yoxud nog‘orachining bachchasi, usta ko‘rmagan shogird har maqomg‘a ham yo‘rg‘alaydi. Zehniyga Elbekda nima g‘arazing bor? Elbekka Sani Zehniy chaqirayapti… Olti yillik qizil matbuotimizning o‘gutlari mana shulardan iborat, desak bo‘ladir. Tosh-torozu o‘qug‘uchining qo‘lida. Shuning uchun baho qo‘yish komissiyasining keragi yo‘q. Otam va bolshevik Otam 1242 hijriy — 1823 melodiy yillari Toshkandda tug‘ulub, alhol, 99-100 yoshlaridadir. Ruslar istilosi vaqtida 42 yoshida bo‘lub Toshkandni ruslardan mudofaa qilg‘an qahramonlarning biridir. Turkiston xonlaridan Sheralixonni, undan so‘ng Xudoyorxon, Mallaxon ham bu orada yillab va oylab xonliq qilub o‘tkan Murodxon, Said Sulton va boshqa xonlarni, Toshkand beklaridan (hokimlaridan) Muhammad Sharif otaliq, Salimsoqbek (bu zot Buxoro amiri tomonidan Toshkand bekligiga qo‘yilg‘an edi. Musulmonqul tomonidan o‘ldirildi), Azizbek, Normuhammad qutabegi, Shodmon o‘roq, Qanoat shoh, Mirza Ahmad qushbegi, Mallaxon (Mallaxon og‘asi Xudoyorxonning xonlig‘i vaqtida Toshkandda uch yillab bek bo‘lub turg‘andir). Eng oxirdan Qo‘shdodholarning bekligini ko‘rub, o‘tkuzgan. Xonliqning bosh noziri va qo‘mondoni o‘rnida bo‘lg‘anlardan Musulmonqul va mulla Alimqullarni ko‘rgan va urushlarida bo‘lg‘an. Piskatlik Qashg‘ar amiri mashhur Yoqubbekni Qashg‘arg‘a kuzatkan. Shundoq qilub, qirq yillab musulmon xonlari zamonini, elli yillab Rusiya chor istibdodini va endi besh yillabdirki mehnatkashlar hokimiyatini ko‘radir. Tabiiy, otam, Rusiya chor hukumatini sira ham tilamaydir. Chunki uning elli yillik istibdodini o‘zi istiqbol etkan, Chorning achchig‘-chuchugini ko‘b tatig‘an. Bu kungi mehnatkashlar hokimiyatiga ham uncha do‘st emas. Buning ham sababi ma’lum. Ammo xon zamonlarini o‘ylagan choqlarda: «Ey, xo‘b zamonlar bor edi, tilla jobduqliq otlaru va basavlat beklaru o‘rdalarda har kun qarsa bazimu… O‘tub ketdi endi bir zamonlar», deb afsus yeb qo‘yadir. Chorlar zamoni to‘g‘risig‘a kelganda: — Xoh, xoh, xoh, xoh! Xo‘b oq podshoh ekan-ku… Oq podshohni hech kim yengolmas emish. Oq podshohga hech bir qiron bas kelmas emish!.. Kushandasi duch kelganda shunday ham dumini xoda qilar ekanki… Xoh, xoh, xoh, xoh, xo..! Hoy Abdi… hali oq podshohni bolshevoy otub yubordi dedingmi?.. Barakalla bolshevoyingga, balli bolshevoyingta, xo‘b qilubti-da! Oq podshohligini burnidan chiqaripti… Xoh, xoh, xoh, xo-o-o… Sho‘rolar hukumati to‘g‘risida ul hech bir tushuna olmaydir. Sho‘rolar hukumati haqida yuz qat istifsor qilub unutadi. Uningcha, oq podshohni yengib o‘rniga o‘lturguchi — bolshevik otliq bir qahramon yigitdir: — Bolshevoying necha yoshda borikin? — Bolshevik bir kishi emas, dada… bolshevikning ma’nosi ko‘bchilik, kambag‘al degan so‘zdir. Misol siz kambag‘alsiz, siz ham bolshevikdan sanalasiz, hozirgi bolshevik hukumatidan murod — kambag‘allar hukumati deyishdir… Ilgarigi oq podshoh hukumati boylardan iborat edi. Ammo bu hukumatning oq podshosi ham yo‘q va bunda boylarg‘a ham o‘run berilmaydi. Yolg‘uz siz va bizga o‘xshag‘an kambag‘allar hukumati… — Ha, ha, shundoq degin-chi… Oradan yo uch kun o‘tadi va yo o‘tmaydir. Eski turmush bilan zaharlanib qolg‘an cholingiz boyag‘i bir mirilikdak qilub ro‘molg‘a tugub berilgan tushundirishni unutadir-da, bolshevikni bir shaxs, kambag‘aldan chiqg‘an ulug‘ bir oq podshoh deb bila boshlaydir: — Bolshevoying juda ham boturboy yigit ekan-da, askari ham bir-ikki lak bordir? — Ha,besh-olti lakbor!.. — O‘bba bachchataloq… o‘zi ham hirs qo‘pg‘an ekan. O‘zimning bir oz darmonim yo‘qroq-da, o‘g‘lim. Bo‘lmasa, bolshevoyingga yigit bo‘lub kirar edim. Agar bolshevoying oldig‘a chiqsang mendan salom degin. Sani degin, boboy duo qildi degin… Bachchatalog‘ingni bechoraparvar deb eshitaman: ko‘ynak-ishtonga besh-o‘n olchin mata so‘rasang berarmikin?.. Xayr, bermasa ham go‘rga. Ishqilub soliqlardan darhon qilsa bo‘ldi. Hammadan ham boqqa ko‘z olaytira ko‘rmasun. Ba’zan cholingiz istiqbol qo‘msay boshlaydir: — Xudoning xohlagani-da, kofirning qo‘lida qolub ketdik… O‘zimizda g‘ayrat yo‘q. Agar yurt bir og‘izg‘a tupurub, yarog‘ topolmag‘anda ham qora kaltak bo‘lub chiqsa, isni-biska qo‘ymas edi. Qadimgi zamonning yigitlaridan shu kunda ham bo‘lg‘anda-chi, ey-ha, o‘rusingga yo‘l bo‘lsun. — Qora kaltak bo‘lishning nima keragi bor, dada? Bolshevoyning kattasi o‘zimizning musulmondan. Qushbegilar, otaliqlari o‘zimizdan, o‘rtada ulardan bitta-yarimta dodxohlar bo‘lsa bor!.. Bu so‘zni eshitish bilan chol taajjub va tahayyurda qoladir: — Nima deding?.. — Bolshevoyning ulug‘i o‘zimizning yigitlardan. Chol hozir boshi berk ko‘cha ichida… shu holda bir-ikki tamshanib olg‘ach, yana uzundan-uzoq bolshevikning asli-nasli haqida istifsor talab qiladi… — Tuzuk, tuzuk, ko‘b yaxshi. Bolshevoying odamoxun ekan, sarbozdan kel, sarbozdan. O‘zimizdan sarbozlar bormi? — Bor, lekin bo‘lsa ham yo‘q hisobida. — Attang, shunisi chakki ekan. — Nima zarari bor, dada. — Ey, o‘g‘lim, odam bo‘lgandan keyin har narsaning ham boshida bo‘lish kerak, «Non qo‘ynimda, it keyinimda!..» Shundoq qilub, otam bolshevoyga yigit bo‘lmoqchi-ya. Biroq bir oz darmoni yo‘qroq-da… Eqtimolki, bahorg‘a chiqub darmoni yaxshilanur, sochlari qorayub, boshqa o‘g‘lon tishlari chiqub bo‘lsa ham, lekin hozirga endigina milk yorub kelmakda bo‘lg‘an ikkita jag‘ tishlari ham chiqub bo‘lur-da, cholni bolshevoy ham yigiglikka qabul qilur va ul bolshevoyga chin «sarboz» bo‘lur. O‘qush — o‘rganish Mayda hikoyalar ustasi Chexov so‘z to‘g‘risig‘a kelganda haddan tashqari xasis, ortiqcha so‘zlar sarf qilish u yoqda tursin, kerakliklaridan ham mumkin qadar yulishga harakat qiladi. O‘zi aytadi: «Mayda hikoyalar yozganda so‘zni ortiqcha isrof qilg‘andan ko‘ra, kerakliklarini ham mumkin qadar ozroq ishlatish kerak». Uning hikoyalarida so‘z isrofgarchiligiga sabab bo‘laturg‘an ortiqcha detallar ham bo‘lmaydi. U butun degallarni o‘zi aytkan asosda ishlatadi. «Birinchi ko‘rinishda miltiq bo‘lsa, shu miltiq uchinchi yoki to‘rtinchi ko‘rinishda, albatta, otilishi kerak, yo‘qsa miltiq to‘g‘risida so‘zlashning hojati yo‘qdir». Uning «Buqalamun» hikoyasi ham boshqa ko‘p hikoyalariday (jurnalimizning 10-sonida «Chinovnikning o‘limi» nomli bir hikoyasi ham bosilgan edi) g‘oyat siqiq, quyuq yozilgandir. Uning so‘zga xasisligi o‘quvchiga malol kelmaydi. Ya’ni, aytmakchi bo‘lgan fikrining tushunilishini og‘irlashtirmaydi. «Buqalamun»da voqea yilning qaysi faslida bo‘layotkani aytilmaydi, ammo bundagi so‘zlardan fasldan aniqlash mumkin. (Albatta, bu so‘zlar yilning faslini bildirish uchungina keltirilmaydi). «Paltomni yech-chi, Yeldirin… Kun juda isib ketdi… yomg‘ur yog‘sa ham ajab emas». Quyidagi so‘zlardan voqea tushki ovqagdan keyin bo‘layotkanini ham bilib bo‘ladi: «Tevarak jim. Maydonchada hech kim ko‘rinmaydi. Do‘kon va qovoqxonalarning eshiklari ochiq, huvullab turadilar. Bu eshiklar yonida gadoy u yoqda tursin, bir zog‘ ham ko‘rinmaydi». Mana bular ikki maqsad ko‘zda tutilib aytilgan so‘zlar bo‘lib, ikkinchi maqsad mantiqiy ravishda birinchisidan kelib chiqadi. Detallar (voqeani tashkil etgan voqeachalar) ham o‘zi yolg‘iz qolib, keraksiz so‘z bo‘lib qolmaydi. Masalan, hikoyaning boshida «Ochumilov yangi shinel kiygan» deyilgan ekan, bu nariroqqa borib, shinelning yechilishi, yana kiyilishi bilan bog‘lanadi. Xrukenning o‘ng qo‘lini yuqorig‘a ko‘tarib, xaloyiqqa qonag‘an barmog‘ini ko‘rsatishi, uning: «Endi, shu majruh barmog‘im bilan ehtimolki bir hafta ishga yaramasman», degan arzi Ochumilovning: «Sen ahmoq, qo‘lingni tushir! Ayb o‘zingda!» deb qichqirishi bilan bog‘langan. Hikoyani «ser suv» (ko‘p so‘zli) qilaturg‘an narsalardan biri ko‘rsatish o‘rniga so‘zlab berishdir. Agar Ochumilovning «Buqalamun» ekanini uning so‘zlari orqali ko‘rsatilmasa, avtor tomonidan ta’riflansa, dunyo-dunyo so‘z ketar edi. Chexov buni o‘zi aytib bermasdan, Ochumilovning o‘z so‘zi bilan ko‘rsatadi. Ochumilovning dastlabki fikri: « Itni o‘ldirish kerak, quturg‘an bo‘lsa ham ajab emas». It generalga qarashli, deyilgandan keyin: « — It nozik, sen ho‘kizday, bo‘yingni qara!» Yana it generalniki emas, deyilgandan keyin: « — Generalning itlari qimmatbaho narsalar edi. Bu bo‘lsa, egasiz daydi itga o‘xshaydi. Epaqaliq yungi ham yo‘q. Shunday bema’ni itni ham saqlaydimi kishi» Yana, it generalniki, deyilgandan keyin: « — Balki qimmatbaho zotli itdir». Oshpaz, it generalniki emas, degandan keyin: « — Bu egasiz daydi it». It generalning akasiga qarashli ekani ma’lum bo‘lganda: « — Yaxshig‘ina it ko‘rinadi. O‘lguncha yugurdak ko‘rinadi». Mana bu dialoglarga avtorning hech qanday izoxi kerak emas. Bu dialoglar ham voqeani siljitadi, ham hikoya qahramoni Ochumilovni xarakterlaydi. Chexov uslubidagi ayrim xususiyatni sezgan L. Tolstoy bunday degan edi: «Chexovning impressionistlarga o‘xshagan o‘ziga xos formasi bor… Yaqindan qarasak, xuddi har bir to‘g‘ri kelgan va bir-biriga aloqasi bo‘lmagan bo‘yoqlarni farq qilmasdan ishlatganga o‘xshaydi, ammo uzoqroqdan qarasang, bu bo‘yoqlardan ajoyib bir manzara vujudga kelganini ko‘rasan». Tolstoyning bu so‘zi Chexovning o‘z so‘ziga juda mos keladi. U deydi: «Tabiatni tasvir qilg‘anda mayda bo‘laklar olish va bularga shunday tartib berish kerakki, o‘qib ko‘zingni yumganingda ko‘z oldingta bir manzara kelsin». «Buqalamun» hikoyasidan biron so‘zni chiqarib tashlash yoki biron so‘zni qo‘shish mumkin bo‘lmaganligi, so‘zga naqadar diqqat qilg‘anlig‘ini ko‘rsatadi. } O‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa qo‘ymas Yaxshiliqqa o‘rgangan bir banda osonliq bilan o‘z yaxshilig‘ini qo‘ymaydir. A, yomon-chi, Xudo panoh bersun, it suyak chaynamasa, tishi qichiydir. Xulosa, yomon yomonlig‘ini, yaxshi yaxshiligini tashlay olmaydir. Mabodo tashlasa, boshi og‘riydir, ko‘zi chiqadir. Demak, masalamizning falsafiy yog‘i tamom bo‘lib, jiddiy va amaliy tomonig‘a o‘tib, yomonlar xususida bir necha jumla tahrir etmakchimiz. Qisqasi, ommaning nazariga eski dahandan yangi va suvi qochmag‘an bir so‘z va matbuot olamida mo‘g‘ollamag‘an bir necha silliq ibora qoldirmoqchimiz. Tabiiy, bu da’vomiz to‘g‘ri bo‘lsa bo‘lar, to‘g‘ri emas ekan, o‘zingiz ming martadan eshitkan so‘zlaringiz qatorig‘a kiritib qo‘yaqolursiz, chunki zamonamiz ezmalik, matbuotimiz chaynov bir zamondan hali judayam nariga jilgani yo‘qdir. Ko‘rmaysizmi, o‘zgarishka yettinchi yil, hamon bir charxni aylantiramiz, hamon bir so‘z va bir qadam ustida jonbozliq qilamiz. A, yetti qironning biri bo‘lg‘an matbuotimiz bir so‘zni uzun bir muddat chaynaydir, g‘ajiydir. Subhonolloh!.. Shoirlarimizning bir qismi, muharrir va muharrirchalarimizning bir bo‘lagi hamon bir-biridan andoza olish va bir-birinikidan nusxa olish bilan mashg‘uldir. O‘qutuvchilarimiz bo‘lsa, saboq berish emas, saboq olishqa loyiq va sazovordirlar. Endi maqolamizning sarlavhasi bo‘lg‘an «O‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa qo‘ymas»ga kelayluk: Muharrirchilik bo‘lg‘andan keyin qalam tutkan zamoning falsafa sotking keladir. Uzun-uzun monolog‘lar yozib o‘zingni maydong‘a tashlag‘ing keladir. Mana bu kasaldan kaminangiz ham qutula olmag‘animga hozirg‘i maqola jonliq shohid bo‘lsa-da, tarixni dunyo yaratilishdan yoki Nuh to‘fonidan boshlamag‘animg‘a, hech bo‘lmag‘anda xoin, zolim Nekalayning qonxo‘rlig‘idan boshlamag‘animg‘a o‘zim shukur qilg‘anim kabi sizning ham xolis shukur qilishingizni bir karra tavsiya etmakchiman. Uh… men shu yerga yozib kelib edim, shoirligim esimga tushdi. Qanaqa shoirliq deng, kamina hozirg‘i zamon shoiri emasmanmi, she’rimga sarlavha qo‘ymoqchi bo‘ldim. Qanday sarlavha deng, umumiy qoidaga muvofiq sarlavhamni «Gul» deb qo‘ydim. «Gul» dedingmi, ketidan «Bulbul» kalimasi lop etib og‘zingga kelmasunmi. Gul va bulbul bilan qo‘shulib chiroyliq bir sarlavha ta’min etildi. Bu odat umuman shoirlarimizda bor bo‘lg‘ani meni taskin qildi. She’rni ham boshlab yubordim. Yozdim, chizdim. Bosh misra’ning oxiri gul keldi. Ikkinchi misra’ bevosita bulbul keldi. Chunonchi: Demak, she’rimning boshlang‘ichi ta’min etildi. Qolg‘an misra’lari meni uncha qiynamadi. Bitirib, she’rning ostiga taxallusimni qo‘ydim, gazeta idorasiga yugurdim. Gazeta sarkotibi vuqor bilan olib, daftarga qayd etkan choqda she’rimning sarlavhasi qatordag‘i maqola sarlavhalarining belini bukkandek ko‘rindi. Ertasiga haligi she’r gazetaning ikkinchi beti boshida bosilib chiqib, hammaning og‘zida qiroat qilindi. Elimiz o‘rgangan, bunday she’rlarni o‘qush elimizga uncha og‘ir emasligi belguli. Chunki she’rning sarlavhasi «Gul va bulbul» ekan, misra’alarning hammasi ham «Gul va bulbul» bilan tamomlanur. Maqola yozishda ham boshqa muharrirlar kabi umumiy ixtisosqa molikligim bor. Sarlavhalar: «Etti yilliq o‘zgarish va biz», yoki «Ma’orif va qo‘shchilar» yoki «Fransiya buyuk inqilobi va bizning vazifamiz», deb shunday sarlavhadan birini qo‘yib oldingmi? Sarlavha ostidan chizib, maqolag‘a kirishkanda, xoin, zolim, qonxo‘r Nekalay va uning dumlarining bizga qilg‘an zulm va vahshati va ul xoin-zolimning axrannik va polisiyalarining bizga qilg‘an jabr-zulmi va hakozo… Bir necha jumla zolim, qonxo‘rlardan keyin maqsad ustida poyma-poy bir necha jumla tuzilib, maqola shu jumlalar bilan tamom bo‘la boshlaydir: bitsun zolim, qonxo‘r Nekalay, yashasun Sho‘rolar hukumati!.. Ostig‘a imzo chekib, buni ham gazeta idorasiga yuboriladir. Demak, masalamiz «O‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa, qo‘ymas», ustida ekan, shoirimiz va yozuvchimizki shunday shoirliq va muharrirlikka o‘rgangan ekan o‘rganibdir. Bunda so‘z yo‘q. Men ham o‘rganganman. Bunda ham sizning ishingiz bo‘lmasun. «Gul va bulbul» she’rlarini, xoin, zolim Nekalayning zulmi to‘g‘risidag‘i maqolalarni yozaberaman va bemalol siz o‘qub tashlayberasiz, gazetalar ham bosaberadi. Shoirliq va muharrirlikka ko‘nglumiz o‘rganibdir. O‘rtansa nima qilayluk. Pastu baland dunyoda Ish g‘aribxonadan chiqqunchaliq, chiqdingmi, pastu baland dunyoda sayr eta boshlaysan. Yoshini yashab, oshini oshag‘an o‘zimizning cholimiz. Soch oq, soqol oppoq, ko‘z nursiz, tish tushkan, bel bukchaygan, qo‘ldagi aso ko‘maklashmasa oyoqlar ham yurishka qarshi; aha… deyish bilan jon chiqarg‘a hozir… Ammo u o‘zining bu holi bilan chin bir maslak kishisi, o‘zining «to‘g‘ri» deb bilgan bir narsasini bir daqiqa bo‘lsun esidan chiqarmaydir. Qarshidag‘i masjid ichidagi yangigina ochilg‘an eski maktabdan yosh bolalarning chuvur-chuvur o‘qush tovushlari eshitilgach, cholimizning bukchaygan bellari to‘g‘rilanib ham ketadir-da, go‘yo o‘zini o‘n besh yoshli bola kabi seza boshlaydir. — Xudoyo shukr, xudoyo shukr, tovushingdan ketay bolalarim! Bulturgi yillarda bu kunlar qayoqda edi?!—deb shodlanadir. Ko‘chaning ikkinchi tomonida bangilardan ikkitasi o‘tub boradir: — Bu yerga ham ochilipti deyman ot to‘rbadan? — Ochilmay nima qilsun?! — Voqi’an… Ko‘chada favqul-odat bir hol. Hammaning ko‘zi biravda. Qizlarimizdan birtasi yuzini ochibdir, yovrupocha yasanib oyog‘ig‘a to‘fli kiyibdir! Xayr, ochibdir-ochibdir, kiyibdir-kiyibdir, bunga nega buncha ota go‘ri — qozixona? Bir tomondan birtasi aytadir: — Ey, essiz musulmonchiliq, satqi diyonat! Sani tug‘ub tashlag‘an ota-onangg‘a la’nat! Ikkinchi tomondan ikkita dumi qopqonda qolg‘anlar ko‘zlarini to‘latib-to‘latib qaraydirlar-da: — Ibi, bajo-ku? — Pichoqqa ilingudakmi? — Ilinarmikin, deyman! Mana bu ikki musulmonning bir ishka ikki xil qarashi. Musulmonlarning haqrohi bo‘lg‘an shari’at qanday qarar, buni peshvoi haqiqiylarimizga tashlaymiz… Agar bunlar ham ko‘zlarining qovog‘i orqali qarasalar… voy bizning umumiy holimizga! Rastaning ichida tapur-tupur janjal, tapur-tupur janjal. — Hanima?… — Karimjonning — binifisi, Mayramxonning — gul o‘yuni. Boravering tomosha, boravering tomosha! Borg‘anlar darmonda, bormag‘anlar armonda! Aravaning oldida ikkita tasqara o‘rus, ketida ikkita masqara karnay. Tasqaralarning birtasi xudda Istanbulning «Dorul-vo’izin»ini ikmol etib chiqqan bir vo’iz: cho‘zub-cho‘zub Mayramxonni maxtaydir, buning orasida maymunlarcha harakatlar ham qiladir… Bu bir arava tasqaralarga qarshi xalq fikrda, ishda, amalda birlikni saqlaydir. Hamma Dajjol chiqqandek aravaning tevaragida, lablarning tanobi qochg‘an, hamma shu tasqaralar bilan ko‘ngil ochqan, bunga qarshi lom yo‘q, mim yo‘q, xudtsi xalqning o‘zi shu bir arava tasqara bilan barobar deyarsiz. «Na o‘ro xataru va na o‘ro zafar!» Boravering tomosha, boravering Mayramxon! Bundan bir necha yil ilgari Xadra mavzeida bir katta to‘polon chiqqan edi: — Ha nima gap? — Buz hovlilarni, hayda egalarini, ur, yiqit, tekisla, g‘ish keltur, ko‘tar tuproqni, ol pudratini, qur viveskani, chaqir artistkani, yoz pesangni, solamiz «Sharq sahnasi»ni! Ol-ha… bu orada nechta odam o‘lgan-u, nechta cho‘loq, nechta mo‘log‘u bir necha o‘n milyardlab chiqimu yo rabbim o‘z panohingda asra bu balolardan!.. Tunov kun boshim og‘ib shu «Majma’ul-asxiyo»dan o‘tub qolurmanmi? Na ahli g‘ayratdan darak va na ahli mehnatdan xabar. Bo‘lg‘usi «Buyuk Sharq sahnasi» binosining o‘rnida ba’zi ahli hojatlar o‘z ishlari bilan ovoralar… — Ha, nima jin urdi? — Ey, aka ploni to‘g‘ri kelmadi. «Muassisoni sahnai Sharq» «muassisyor»likni ixtiyor aylab, «Azmi daryoyi Jangoh» oldilar, deyishlari bormi, jon-ponim chiqib ketib, «Endi toshkandliklarning toza uylari kuyubdur» dedim. Chunki u qahramonlar «muassisyor»likni ixtiyor qilg‘an bo‘lsalar «Buyuk Sharq sahnasi» uchun na Toshkandning buzulmag‘an bir tomi qolsun va na kavlanmagan yeri!.. Po‘skallasi — Hay aka! Vaqting bo‘lsa gapimga bir oz quloq ber! Qalay, o‘zing tantimisan? Agar tanti bo‘lsang, sanga bir gapim bor. Po‘skallasini aytsam, san o‘zing, yo‘q san emas, saning xalqing bila turib suvga… shunaqa qiladilar-da… —Yo‘q-yo‘q, hovliqma, berdisini aytkuncha kishini belashi qilib qo‘yma, tag‘in! Gap bor, jinni, gap: Firdavsiy aytadiki: «Taraqqo-turuqqu amudi garon, Jahon shud chu bozori ohangaron!» Mana shu ta’birga o‘xshash o‘zog‘i, burnog‘i yillar, bahosi surishtirilmasdan huv hisobda ham yo‘q, kitobda ham yo‘q talay yangi maktablar ochilg‘an edilar. Shu vaqtlarda o‘zimizning ota-bobodan qolg‘an panjshanba non maktablari oyoqdan qolib domlalarning uylariga o‘t tushkan edi. — Ey, gaping qursun… — Shoshma-shoshma, tentak, palovning moyi tegida! Xayr, shu bilan muboraza’i hayot, tanozi’i baqo gaplariga tushungan o‘zimizning o‘shanaqangi domlalar bo‘lsa o‘g‘ullarini, bo‘lmasa o‘zlarini olti oyliq qurslarg‘a urub, bot fursatda yangi maktablarning sarkardaligiga ham yetishkan edilar. O‘zingning xabaring borki, yangi maktablarning ham tegiga suv kelib, yana «O‘zimiz xon—ko‘lankamiz maydon» bo‘lg‘an edi va bo‘lmoqda. Agar mandan gap so‘rasang, o‘shal eski maktabdan chiqib, kursda o‘qub, so‘ngra yangi maktabga sarkarda bo‘lg‘anlardan bittasi kecha mahalla masjidida maktab ochibdur. Sekin borib dovol orqasidan quloq solsam: «Alif lomga aza-al, heni mimga heza-xam…» «Abjad, nonish bo‘lsa jeb jot; Kalaman, chirmandashni chalaman…» Sharqiysi ham qiziq: «Ey onalar, yog‘ solib yupqa qiling, O‘qlog‘ig‘a tob bering supta qiling!» Mana tentak, bu domlag‘a qarab po‘skallasini aytkanda «Bila turub suvga…» — O‘bba badbaxt, jadid ekansan, jadid! Hay so‘zing qursun, qarab turib gunohkor qildinga! — Hay tentak, to‘xtasang-chi, qizig‘i bor — qizig‘i: «Abjad, nonish bo‘lsa jeb jot; Kalaman, chirmandashni chalaman». «Ey onalar, yog‘ solib yupqa qiling…» «Alif, be, te, se…» Qazoyi osmoniylar Shu kecha-kunduzda bir qancha qazoyi osmoniylar yog‘ilib ketdi. Jumladan: — «Inqilob» jurnalig‘a material topa olmag‘ani uchun o‘rtoq Nazir To‘raqulov istirohat bahonasi bilan Xitoyg‘a qochib ketmakchi bo‘lib turadir. — «Inqilob» jurnalining ko‘makchi muharriri bo‘lg‘an zot bobarakot Bo‘lat Soliyev bir necha vaqtdan beri Buxoroda e’tikofda edi. Endi Toshkand qishloqlaridag‘i azizlar qabrin tunab chiqmoqg‘a azmlanib yo‘lg‘a chiqg‘an. Tunashdan so‘ng Bo‘lat afandining ahli karamotdan bo‘lishi kutiladir. — «Inqilob» jurnalimiz mas’ul mudiri Hodi Fayziy afandi adresini «Inqilob»g‘a tiqishdirdi-da, o‘zi allaqaysi go‘rga qochdi. — Yildagi kabi bu yil ham tosh qizig‘i bo‘luv bilan Shapoq maxzumning jununi qo‘zg‘ab, kishanga tushayozdi. Rivoyatlarga qarag‘anda «Qizil bayroq» gazetasi kundalik qilinmasa kishanni ham uzmoqchi emish. — Ichki Rusiyada un o‘g‘rilari ko‘paygani uchun Piyonbozorning unfurush juhudlari Toshkand fuqarolarining qonlari barobariga insoflarini sota boshladilar. — Tatar adiblaridan bo‘lg‘an Abdurahmon Sa’diy bilan Ne’mat Hakim ibdoshlar yelimlik til talasha boshladilar. — Mashhur yozg‘uvchi Kabir Bakir afandi Buxoro bilan Toshkand orasida ispikulatsiya butxonasig‘a cho‘qinub turadir. Keyingi kunlarda «Chin haqiqat yozuvda emas, bozorda ekan»ligini ham ulug‘ bir miting‘da leksiya tariqasida so‘zlagan. — Kompozitor G‘ulom Zafariy qish bo‘yi ermak qilib chiqqan «Chin Temir botur» operasini ilmiy hay’atka yaxshi baho bilan sotib, e’loni iflos qildi. Endi bunday operalar yozib, tiriklik qilmoq mumkin ekanligiga imon keltirib, xalq cho‘pchaklarini so‘rab, xotin-qizlarni bezor qila boshladi. Qimmatchilik hasrati «Ishtirokiyun»ning bir no‘mirinda Toshqun o‘rtoq «Qimmatchilik tinkamga tegdi» unvonli bir maqola yozib: man so‘qqabosh bo‘laturib shuncha qiynalmoqdaman, ammo bola-chaqalik akalarning holi nima kechmoqda ekan, mazmunida bir so‘z so‘zliydir. Bola-chaqalik bir yigit o‘ldig‘imdan Toshqun og‘aning boyagi so‘zi manim yaramga tuz sepdi. Shu qimmatchilik vaqtining oilador bir kishisi bo‘luvim sababi ila qo‘limga qalam olib man-da o‘z hasratimni yozib o‘tmoqchi bo‘ldim. Lekin manim kechirmoqda o‘ldig‘im kunlar oldida Toshqun o‘rtog‘imniki holva bo‘lib qoladir. Mana tubanda o‘qub ko‘rulsun: Osh-non yemoqdan boshqaga yaramagan bir chol otam ila bir kampir onam, yolg‘uz so‘z so‘ylash ila osh pishirishka yaratilgan bir xotunim bor. Ko‘chaga yuz karra chiqib, har uyga kirganda «Oyi, non ber!»ni o‘ziniki qilib olgan bir qizim, topkanini ko‘chada chiqim qilib, erta-kech manim ovqatimga sherik bo‘ladirgan bir inim bor. Bulardan boshqa tag‘i bir yashar o‘g‘lum bo‘lsa ham, Xudoga shukr, hali tishi chiqg‘ancha yo‘q. Manim qarovimdagi jam’i muftxo‘rlar olti jon, o‘zim ila yetgi jon bo‘lamiz. Mana shu yuqorida ko‘rsatganlarimni to‘ydirmoqlik kafolati manim ustimga yuklangandir. O‘zim… da xidmat qilib, oylik vazifam sakkiz yuz qirq so‘m, har kuniga yigirma sakkiz so‘m 33 tiyin tushsa kerak. Endi shu jonvor yigirma sakkiz so‘m 33 tiyinning ustidagi («Ishchi» o‘rtoqning ta’birincha) mashmashaga tomosha qilinsa: man Eski shahar oziq sho‘basi tarafidin berilajak oziqlarni hisobga olmay, to‘p-to‘g‘ri bozor bahosiga hisob yuritaman, chunki Eski shahar oziq sho‘basining beradirgan yigirma kunda bir karra nonini, ikki oyda bir martaba oila boshiga ikki qadoq zig‘ir moyini, bir yarim oyda jon boshiga bir qadoq so‘k va birinchni, oh o‘ldim, deganla yarim qadoq go‘shini butunlay hisobga olmayman. Iydning birinchi kunidan boshlab to alholgacha bilmadim, nima sababdandir non ham bergani yo‘q. Boshqa nimarsalar ham hokazo… Agarda qattig‘ tegmasa oziq sho‘basining mutasaddilariga shunday tavsiyada bo‘linur edim: Bizadek kambag‘al Julqunboylarni, o‘zingizni, ham komitetingizdagi ikki yuzmi, uch yuzmi xidmatchilaringizni javobini beringiz-da, hammamizni ovoragarchilikdan ham tamug‘likdan qutqaring! Maqsaddan yiroq tushibman. Ertalabki choyni besh dona non ila ichamiz. Bir put unni o‘rta hisob ila ikki yuz so‘m qilganda har donasi besh so‘mdan tushib, yigirma besh so‘m bo‘ladir. Choyni ham uch so‘m hisoblaganda yuqorida ko‘rsatib o‘tkan bir kunlik topishimning mashmashasi tamom bo‘lib, kunning mundan bu yog‘iga bo‘ladirgan xarajatlar butunlay o‘rinlidir. (Ehtimolki, bu saxiyona yolg‘uz ertalabki choy uchun beriladurgandir). O‘rni yo‘q chiqimlar: tushlik choyga uch dona non puli o‘n besh so‘m. O‘zim xizmat vaqtida arzon baho oshxonadan bir kosa osh yeyman — puli olti so‘m. Jam’i yigirma bir so‘m. Endi kechqurungi oshlik turi haftada shu ravishcha bo‘ladir: shanba ila dushanba kun moshxo‘rda, yakshanba ila seshanba moshkichiri, chahorshanba kun so‘k oshi, panjshanba kuni ubra, jum’a kuni palov. Palovdan boshqalarining chiqimi ozroq farqli bo‘lgani uchun bir kunlik masalliq tubandagicha hisoblansa mumkindir. Yarim qadoq mosh besh so‘mdan yetti so‘m elli tiyin. Yarim qadoq birinch olti so‘mdan to‘qquz so‘m. Chorak qadoq moy o‘n so‘m. Bir qadoq karto‘shka olti so‘m (go‘sh o‘rniga karto‘shka ishlata boshlaganimizga ikki oylar bo‘ldi. Go‘shning isminigina eshitamiz. Bu yaqinda o‘zini ko‘rganimiz yo‘q). Xojji tuz va o‘tundan boshqa osh chiqimi 36 so‘m 50 tiyin. Haftada kir sobundan bir qadoq ketadir. Puli 60 so‘m. Bul ham bir kunga 10 so‘m tushadi. Osh xarajatidan tag‘i bir narsa yodimdan ko‘tarilibdir. Haftaga bir xurmacha qatiq puli 35 so‘m, kuniga 6 so‘mdan ziyodroq tushsa kerak. Jam’i o‘rinsiz xarajat 64 so‘m 50 tiyin. O‘rinlik — 26 so‘m ila jam’i 102 so‘m 50 tiyin. Yuqorida yolg‘uz ovqat xarajatlarini ko‘rsatdim. Toshqun o‘rtoq aytmishli ham yozning ko‘ngil sus ketadurg‘an mevalari ham bor. O‘ldim deganda o‘tguz-qirq so‘mni bunga ham bermay ilojing yo‘q. Mayda-chuydalari ila hisoblaganda maishatimga bir yuz so‘m yetadir. Bu yuz so‘mni nima qilmoq kerak. Bunga kim aybli? Molni qimmatlandiruvchi ispikulyantmi? Yoki vazifani oz beruvchi hukumatmi? Bu xususda churq etmasdan hukmni o‘qiguchining muhokamasiga tashlab o‘taman. Bobolarimizning «Qarzing mingga yetsa, murg‘i musamman yegin!» degan bir maqollari bor. Lekin hozirda qarzim besh mingga yetti ham murg‘i musammandan darak yo‘q. Agarda bu so‘z to‘g‘ri bo‘lsa edi, murg‘i musammandan beshini yegan bo‘lur edim. O‘yun-kulgiga, tomoshaga o‘chroq (xarisroq) bo‘lsam ham oqchasizlikdan tashlab yuborganimga ko‘b vaqtlar o‘tdi. Matbuotga mayda-chuyda yozishka iqtidorim bo‘lsa ham bu ishim yaxshigina edi. Mal’un qimmatchilik qisiriqidan ko‘bdan tark etib yubordim. Yuqoridagi bir necha satr hasratni yozarga «Kampirning dardi g‘o‘zada», degan kabi Toshqunboy maqolasi sabab bo‘ldi. Man-da o‘z dardimni yozdim. Yo‘qsa ezmalanib o‘lturmoqqa vaqtim ham yo‘q edi. «Ishtirokiyun» boshqarmasi bu ezmalikni bosarmi, yo‘qmi manim ishim emas. Har holda hasragimni yozib, yurakimni bo‘shatib olganim uchun o‘zimni yengil kabi sezmoqdaman. Bu yozganlarim o‘quvchiga ortiqcha bir ezmalik bo‘lib sezilur, shuning ila barobar o‘rinlik ham deb o‘ylayman. Qiroatxonalarimiz Eski vaqtlarda Turkistonning ikkinchi darajadagi shaharlaridan bo‘lg‘an Samarqand, Xo‘qand va Andijon kabi shaharlarda musulmon qiroatxonalari bo‘lsa ham Turkistonning markazi bo‘lg‘an Toshkandda musulmon qiroatxonalari yo‘q edi. Turkistonning boshqa yerlariga ko‘ra Toshkandda ziyoli sinfi ko‘b bo‘lsa-da, o‘zlarinda bo‘lmag‘anda birgina bo‘lsun qiroatxona bo‘lindira olmovlari qiroatxonag‘a juda sovuq qarashlarindan — ahamiyat bermovlarindan boshqa narsa emas edi. Madaniy xalqlar o‘zlarining eng kichkina qishloqlarinda ham bo‘lmag‘anda bir-ikki qiroatxona bo‘lindiralar, katta shaharlarinda, albatga, yigirma-o‘ttuz qiroatxonalari bo‘ladir. Bizning Toshkandda birinchi martaba ochilg‘an qiroatxona 1918 yilning dekabirinda bir ikki yigitlarimizning g‘ayrati ila «Turon» jamiyatining Orif Klebleev noming‘a ochilg‘an qiroatxonasi bo‘ldi. Lekin birinchi martaba ochilg‘an bu qiroatxona yaxshi yo‘lg‘a keta olmadi. Chunki kitob kelturmakka atrof yo‘llari yopiq va buning ustiga qiroatxona uchun hukumatdan yordam ham yo‘q edi. Boshida qiroatxona mahalliy kishilarning hadya etkan kitoblari ila yurib tursa ham, so‘ngroq Milliy ishlar komissarlig‘ining Orif Klebleev ismiga yodgor bo‘lsun, deb bergan o‘n ming so‘m oqchasi bilan ba’zi madaniy ishlar ishlab turdi. Lekin bu oqcha va bu hol ila qiroatxona o‘zinda bor kitoblar bilan xalqni qanoatlandiruv mumkin bo‘lmag‘ach, shaxsiy kitobi bor kishilardan kitoblar rekvizisiya tariqasinda qiroatxonag‘a olindi. Buning ila ham ish radlamagach yuz ming balolar ila o‘shal vaqtli Milliy ishlar komissarlig‘indan to‘qson besh ming so‘mlar chamasi oqcha oling‘an. Bu oqcha ila kitob kelturmakka atrof shaharlarga vakillar yuboruv kitobxonaning muddaosi esa-da, hamma yo‘llarning yopiqlig‘i va temir yo‘llarning tartibsizligi bunga mone’ bo‘lub, Toshkandning o‘zidagi kishilardan bo‘lg‘an kitoblarni garchi juda qimmat baho bilan bo‘lsa ham olina boshlag‘an. Ushbu Milliy ishlar komissarlig‘ining bergan to‘qson besh ming so‘m oqchasi bilan 1919 yilning noyabrig‘a qadar qiroatxona davom etmakda edi. Dekabrdan e’tiboran O‘lka kutubxonasining nazoratiga o‘tub, ushbu yilning aprelig‘a qadar oning qaramog‘inda davom etdi. Bu vaqtlarda qiroatxonaning moddiy jihati yaxshigina ta’min etilib, anchagina kitoblar olmoqg‘a-da muvaffaq bo‘lindi. Taassufki, O‘lka kutubxonasining qaramog‘inda ko‘b davom etuvga mumkin bo‘lmay, ushbu yilning 1 mayindan boshlab Eski shahar maorif sho‘basi yonidagi «Maktabdan ish maorif taratuv sho‘basi» idorasig‘a o‘tdi. Buning uchun: «Endi qiroatxona dardimizga yaqindan tanish bu sho‘ba qaramog‘iga o‘tdi. Bundan so‘ng, albatta, qiroatxona yo‘lg‘a qo‘yulib yuborilsa kerak», deb shodlanilsa ham, lekin umidimiz bo‘shka chiqub qiroatxonaning O‘lka kutubxonasi davrindagi vaqtlarini sog‘ina boshladi. Bu kunda kutubxona sotub oluv oqchasizlikdan bugunlay to‘xtag‘an. Buning ustiga «Maktabdan ish maorif taratuv sho‘basi» tarafidan qiroatxona ustiga ta’yin etilgan kishi qiroatxona ishlari ila noahl bir kishi bo‘lg‘ani uchun, qiroatxonag‘a nima kerak, qiroatxonaning ehtiyoji nimaga ortig‘roq va ishni nima bilan boshlamoq kerak ekanin bilmas ekan. Toshkand musulmon xalqining birdan-bir qiroatxonasi bo‘lg‘an bir kutubxonaning bu holda bo‘luvi, xususan holni maorif sho‘basi qaramog‘ig‘a o‘tkandan so‘ng yuz ko‘rsatuvi taassufli bir holdir. Maktabdan ish maorif taratuvni xohlagan «Maorif sho‘basi»ning diqqatini bu nuqtaga jalb etamiz. Klebleev nomig‘a ochilg‘an qiroatxonada hozir to‘rt yuz jildga bolig‘ musulmon kitoblari bo‘lub, Toshkand musulmonlari kabi ikki yuz minglab hisoblang‘an bir xalq uchun bo‘lg‘an ou qiroatxonag‘a nol darajasinda ozdir. Eng ozi to‘rt-besh ming jildlarga yetkuriluvi matlub bo‘lub, buning uchun ichki Rusiya, Boku kabi joylarg‘a vakillar yuborib, kitob keltiriluvi kerakdir. Bo‘lg‘ani shul, deb yotgan bilan makgabdan ish maorif taratuv viveskasi u daraja kungillik natija bermas. Eski shaharda «Turk RO‘STA»ning saksondan ortiq qiroatxonasi bor. Qaysi choyxonaning yonidan o‘tma «Turk RO‘STA»ning falonchi qiroatxonasi» degan viveska va choyxonaning burchagida ustol ustida chang bosub yotkan besh-olti no‘mir «Ishtirokiyun» va devoriy «RO‘STA» gazetasig‘a ko‘zing tushmay qolmas. «Turk RO‘STA» qiroatxonalari ochilg‘andan beri bularda o‘qub turgan bir kishi ko‘rilmaydir. Bir vaqtlarda xalqg‘a o‘qub bermak uchun har bir qiroatxonaga kishilar ta’yin etilgay, degan bir xabarni eshitub so‘yungan edik. Lekin bu hol uzoq davom eta olmag‘ang‘a o‘xshaydir. Endi bu qiroatxonalar o‘rgumchakka uya bo‘lub yota bersunmi! Maktabdan ishchilar va yo «Turk RO‘STA»chilar buning biror tadbirini ko‘rishka o‘ylab boqadirlarmi? Qurbon bayrami Boylarnikida imlama, xasislarnikida dimlama. Bu kun quvvati kelgan har bir «musulmoni komil» o‘zlarig‘a o‘xshag‘an bir hayvonni qurbon qiladir. Qurbonliq qilg‘an musulmonlarg‘a oxiratda bo‘ladirg‘an imtiyozlardan quruq qolmayliq, deb mashhur siyosiy tulki lord Kerzo‘n ham bu hayit London xalqi uchun bir qo‘y qurbonliq qilmoqchi bo‘ldi. Chunki u dunyoda sirot ko‘prugi degan vahmalik bir narsa bor ekaniga Kerzo‘n ham ishonibdir. Har kimning bu «Qilichdan tez, qildan nozik ko‘pruk»dan o‘tishi majburiydir. Kerzo‘ndan kattarog‘i ham musulmonlarning aqlig‘a hayron qolmasdan mumkinmi? Sirot ko‘prugidan o‘tish uchun bir mingta havo flotining ikki chaqacha ahamiyati yo‘qdir. Qurbonliq qilg‘an qo‘yni minasiz-da, pildirab o‘tub ketaberasiz-da, to‘n-to‘g‘ri siz uchun hozirlang‘an jannatga kirib, bir qulog‘i bu dunyog‘a yuz ming barobar keladirgan hur, burninish katagi mana shu Turkiston o‘lkasiga bir yuz million barobar keladirgan g‘ilmonni bir tiyin nalo‘g to‘lamasdan tasarruf qilaberasiz («Miftohul-jinon» ta’biri). Mana bu imtiyozlardan kimning sho‘ppayib qolg‘usi keladir. Hamma ham rohat va saodatni yaxshi ko‘radir. Baho ham uncha qimmat emas: bir qo‘y yo ikki kishiga bir ho‘kuz, vassalom… Tag‘in bu tomoni ham bor, qon chiqarilsa kifoya. Boylarimizdan Salimsoq semiz bultur qilg‘an qurbonlig‘i bilan qizini chorladi. Qo‘chqorxo‘ja akam jo‘ralariga gap berdi. Bolticho‘loq mahalla so‘fisi bilan imomini va ham uch-to‘rt mahalla mushtumzo‘rlarini imlab qurbonlig‘ini yedirib yubordi. Bular-ku mayli, Yodgor semiz shunday boy bo‘lsa ham ziqna-da, qurbonlik go‘sht-yog‘ini dimlab qo‘ydi. Bu to‘g‘rida hech kimga ayb qo‘yish kerak emas. Qurbonliq go‘shtlardan ochlarg‘a nasiba chiqarish uchun payg‘ambarning dekreti bosilg‘an qonunlar majmuasi ham ummatlar qo‘lig‘a tekkani yo‘q, ulamolar qo‘lig‘a tekkan bo‘lsa ham ular bunday buyruqlarni bekorga chiqarg‘anlarig‘a ko‘b zamonlar bo‘ldi. Qon chiqdi — kifoya. Hay-hay, qanday yaxshi… bu dunyoda qadri yo‘q musulmon og‘a-inilarning u dunyoda bunday rohat bilan kun kechirishlariga hasad qilg‘uchi kofirlarning ko‘zi chiqsun. Musulmonlar uchun jannatning bahosi bir qo‘y, ikki kishiga bir ho‘kuz, tuya bo‘lsa ham mayli. Qoni chiqarilsa kifoya. Hay-hay, hamma payg‘ambarning ummati ichida baxtiyor Muhammad ummati. Hay-hay, bu davlat bizga yetmasmi, Muhammad ummatidirmiz. Qurbonliq o‘g‘rilari — Qurbon hayiti ham keldi… Bu yil qurbonliqdan qalaysiz Hoji? — Hayronman boy, hayit harjilari ham ko‘payib ketdi. — Qilish kerak, qilish! Xudoning o‘zi yetkazadir. Siz bilan man endi, qilmasaq bo‘lmas. — Shunisi ham bor… alhamdulilloh, siz va bizning davlat to‘g‘risidan kamchiligimiz yo‘q. Qora molg‘a qo‘shulsaq mumkin? — Sheriklik oshni it ichmas, qurbonliqning eng yaxshisi qo‘y! Qo‘y so‘yabering, Hoji! O‘zingizda boqilg‘an bo‘rdoqilardan bordir, albatta? — Bor, uch-to‘rtta bor. — Ana shulardan bitgasini ko‘ttarib uring, qo‘ying! — Bultur imlama qilg‘an edik. Endi bu yil mahallada och-oriq ko‘b, imlamaga ham qarab turmaslar… — Etkaningizdek, man ham mahalladagi och-oriqlardan juda to‘ydim, o‘zlari so‘ramasalar ham yosh bolalaridan so‘ratub, uy ichimizni bezor qildilar. Yaxshisi shuki, «imlama» ham qilub o‘lturmang-ku, eng osoni «dimlama» qiling, dimlama xo-xo-xo… — Hi-hi-hi… «dimlama»ngiz ham qulog‘img‘a issig‘, issig‘ kiradi-ya, biroq shartiga to‘g‘ri bo‘lmasmikan deyman… — Qurbonliqning sharti qon chiqarish, bundan boshqa sharti yo‘q. Marhum domla ham qilg‘an qurbonliqlarini hech kimga bermay o‘zlari pok-pokiza tushurar edilar. — Hovva, marhum domlaning sadag‘alari ketsang arziydir. Lekin shunday ham bo‘lsa ko‘ngil bo‘lmaydir… — Siz man aytkandek qilabering, savobi sizga, gunohi manga! Agar himmatingiz jo‘sh urub ketsa, bizga o‘xshag‘anlardan bir-ikkitasini chaqirib duoyi-fotiha qilsangiz, tag‘in yaxshi, tuzukmi? — Ey-y, bizda jon bor deysizmi, bu yil siz ham shunday qilarsiz bo‘lmasa? — Eyy, siz yosh bolamisiz, Hoji, bizning, qurbonliq har yili «dimlama» hi-hi-hi… Eshitdingizmi, bu ikki uying kuygurning qurbonlig‘ini! Qurbonliqning borliq hikmat va falsafasi ayyomi saharg‘i kunimizdagi och oilalarni to‘ydirmoqdir va Alloh dargohida iyd kunlari och yotqan oilalarni to‘ydirish niyati bilangina qiling‘an qurbonlar maqbuldir va chin qurbon ham shunisidir. Agar yuqoridag‘i ikki o‘g‘rining fikrida bo‘lsangiz, sizning ham uyingiz kuysun! Quyosh bilan ham kurashaman 13 iyulning tong salqini bu kungi quyoshning tug‘ushi oldida uzoqqa chidab bora olmadi. Yoqimli salqin va ingichka esaturg‘on tong yeli oq tutun ichida barq urub chiqqon quyosh harorati bilan nafas olish uchun yoqimsiz ilig‘ bug‘g‘a aylandi. Erta bilan biror soat ting‘on suv kabi shaffof holda turadurg‘on havo ham bug‘g‘a tutulg‘on oynadek xira tuska kirdi. Suvi ko‘llash orqasida sizot-izza holig‘a kelgan, tevaragini bardi, salomatlik o‘tlari bosqon va poyonsiz g‘o‘zapoyalar orasidan aylanib oqqon ariq ustlaridagi chibinlar toqatsizlang‘ondek g‘ivirlasha boshladilar. Yong‘oq ostig‘a o‘choq qazib o‘n ketmon tuproq tortish bilan manglayi terchigan Yunus ota ketmoniga suyanib nos otar ekan, o‘z-o‘ziga: – Bu kun kabob pishirsak ham bo‘ladir, – deb qo‘ydi. Aravadan chiqarilg‘on burul ayg‘ir g‘o‘za uvatig‘a ekilgan ekin barglarini iskab qaramoqda edi. Avaz bug‘chamalang‘on ko‘rpa, yostiq va oziq-ovqatlarni arava oldidan tushurib, yong‘oq qatoridag‘i o‘ruk ostig‘a taxlamoqda edi. – Odamdanmi, – dedi bir bug‘chamani aravadan ko‘tarib ola-ola, – chopiqchilar bu kun enasini ko‘radi desangiz-chi. Yunus ota javob bermadi, yarim ochilg‘on o‘choqqa tushub, o‘choq tevaragini tesha bilan chopa berdi. Avaz aravadan tushurilgan so‘kni ko‘tarib o‘choq yaqinig‘a keltirib qo‘ydi. Arava ustidagi yuk tugalib olding‘i tomonda bir xurjun non va orqada xashakka o‘rab tang‘ilg‘on qozondan boshqa narsa qolmadi. Oldindag‘i xurjunni ko‘tarmakchi bo‘lg‘on edi, qozon og‘irliq qilib arava “laylak” bo‘layozdi. Avaz xurjunini qaytarib qo‘yishg‘a majbur bo‘ldi. – Ota, qozonni tushuraylik-chi. Yunus ota o‘choqdan tuproq chiqarmoqda edi. Ishdan to‘xtab biroz aravaga qarab turdi-da, og‘zidag‘i nosni tuflab tashladi. – Xurjunni ol! – Xurjunni olsam, qozon ag‘naydir. – Ko‘tarmadagi go‘shtli chelakni oldingmi? Ko‘tarmadagi chelak Avazning yodidan ko‘tarilgan edi: aravaning ostig‘a kirib chelakni yeshib ola boshladi. Yunus ota labidagi nos ushoqlarini yaxtagining yengiga arta-arta arava yonig‘a kelib yalang oyog‘i bilan shotini bosdi. – Nonni ol! Avaz xurjundagi nonni olib qo‘ydi. Yunus ota asta-sekin shotini ling holg‘a kelguncha qoring‘a bostirdi. Avaz arava orqasidan chiqib o‘ralg‘on xashaklarni oldi. – Tag‘in ozroq jo‘nating! Yunus ota shotini biroz o‘z holig‘a qo‘ydi. Qozon Avazning oldig‘a siljidi. – Hozir bo‘lib ko‘tar, yerga qo‘yma, o‘choqning yonig‘a olib bor! Avaz ihrab-sihrab qozonni boshig‘a kiygansumon o‘choq yonig‘a keltirib qo‘ymoqchi bo‘lg‘on edi, qo‘li toliqib qozonning bir qulog‘i Avazning burnig‘a tegib ketdi. – Burni(ng) qora bo‘ldi, huvari! – deb ota iljaygan edi, og‘zidag‘i onda-sonda qolg‘on nosvoy bilan ko‘kargan chugur tishlar ko‘rinib ketdi. – Bir put qozonni eplolmaysanmi, bolasi tushkur. Avaz burnini qo‘li bilan ishqab tozaladi: – Bir put? Bu qozon bahazur bir put o‘ttiz qadoq keladir. Yunus ota ketmonini qo‘lig‘a olib o‘choqdag‘i tuproqlarni chiqarishg‘a tutundi. – Mayli, ikki put desang ham haqing ketmaydir. Otingni olib bog‘la, g‘o‘zani novit qiladir; chelaklarni olib suvg‘a bor, qaytishingda ariqdan suv ochib kel! Avaz otini chetroqdag‘i tutka bog‘lab, qo‘lig‘a chelaklarni olg‘on paytda yerning etagidan yelkasiga ketmon qo‘yg‘on bir to‘da yigitlar ko‘rindilar, yigitlarning orqasida ot oldig‘a kattakon bir samovarni o‘ngargan yana bir otliq ham ko‘rinar edi. Yunus ota o‘choqni tozalab, qozonni o‘choqqa qo‘ndirg‘on paytda yigitlar yong‘oq tagiga yetib keldilar, tars-turs qildirib yelkalaridagi ketmonlarini yerga tashladilar. Ularning uch-to‘rtlarini istisno qilg‘onda, ko‘plari deyarlik oldi ochiq qalami yaxtak, qalami ishton, oyoqlarida ko‘n etik, boshlarig‘a har turli do‘ppi kiyib, bellarini bir metr chamasi qilib kesilgan, yaxshig‘ina kirlab sarg‘ayg‘on xom surf bilan bog‘lag‘on edilar. Ko‘bchilik yigirma bilan qirq orasidag‘i yigitlar bo‘lib, orada uch-to‘rt nafar qirq besh-ellik yoshliqlari ham yo‘q emas edi. Ular ketmonni yerga qo‘yg‘och, so‘z qo‘yishg‘ondek belbog‘larini yeshib manglaylarini tangg‘a boshladilar. Oradag‘i ikki-uchta yalang oyoq yoshlarning birisi bo‘lg‘on yigirma ikki-yigirma uch yoshlar chamaliq, suyagi yo‘g‘on qaddi qisqa – ya’ni bo‘ydan olib eniga urulg‘on beo‘xshoq katta boshliq, kishiga qarag‘on paytda, ayniqsa, yosh bolalarni qo‘rqutarliq darajada g‘ilay ko‘zlik, filniki kabi yo‘g‘on va to‘mtoq oyoqliq, qizilmag‘izdan kelgan bir yigit ko‘bchilik ichidan chiqib keldi-da, yangi qazilib qozonni o‘rnashtirilg‘on o‘choqqa engashib mo‘raladi: – O‘choqni qotiribsiz, ota, chopiqni bitirgan kunimiz o‘xshatib bir norin qilib ikkita “mo‘ysafid”dan ham chaqira turg‘on bo‘libmiz-a, – dedi. Qozon tevaragini tuproq bilan ko‘mayotqon Yunus ota uning so‘ziga iljaydi. – Agar bu kun qizil sallani olsang, albatta… Yigit o‘choq yonidan qo‘zg‘alib, g‘ilay ko‘zini “dahshatli” tuska kirgizdi. – Olaman, albatta, olaman, – dedi va tevaragiga alang‘lab, o‘zidan olti qadam narida ikki metr chamasi qizil satinni boshig‘a chulg‘ab yotqon, chuvakkina va aftidan ulug‘simonlig‘i ko‘rinib turg‘on bir yigitga qaradi, – qizil sallani berasan, olaman! Boshig‘a qizil chulg‘ovchi yigit iljayib qo‘ydi. – Olasan, – deb piching otdi Yunus ota, – qizil sallani deb yetti yigit yiqildi, sen sakkizinchi qurbon bo‘lmasang yaxshi edi… – Samovarni ol, kallaxom, – dedi otda kelib to‘xtag‘on brigadir Islom novcha. G‘ilay yigit nima ham demakchi edi, so‘zi brigadir tomonidan bo‘lindi, samovarni olib chetka eltib qo‘ydi. G‘ilay yigit, ya’ni brigadirning ta’biricha, “kallaxom”ning asli ismi Roziq bo‘lib, favqulodda yaratilg‘onlig‘idan bo‘lsa kerak, uning shaxsig‘a anchagina laqab to‘qug‘on edilar. Siylag‘on kishi uni o‘z ismi bo‘lg‘on “Roziq” bilan atab chaqirar edi, birovlar “kallaxom” deb undar edi. Uchunchilar “po‘log‘o‘r” va to‘rtinchilar, hazilmandlar esa, to‘g‘rudan-to‘g‘ru “ko‘r” deb qo‘yaqolar edilar. Lekin “g‘ilay” deb hech kim atamas, ehtimolki, Roziqqa nisbatan “g‘ilay” so‘zini “hayf” yoki “essiz” hisoblar edilar. Bu laqablarni Roziqning o‘z tomonidan qarshilanish masalasiga kelganda, u bunday laqablardan chumoli chaqqancha ham ranjimas, bil’aks, tabiatiga “qo‘shimcha” tariqasida bag‘ishlang‘on “qiziqliq”laridan ozg‘ina ishlatib qo‘yishg‘a ruxsat berilganligini sezar, Roziqqa taqilg‘on laqablardan “Po‘lag‘ur” so‘zi, uning yaratilish sifatini yaxshi gavdalantirganlikdan biz ham bundan so‘ng Roziqning asil ismini atamay “Po‘lag‘ur” deb yurutamiz. Po‘lag‘ur samovarni olib qo‘yg‘ondan so‘ng belidagi ro‘molini silliq taxlab manglayini bog‘ladi. Oldi ochiq yaxtagining ko‘krak to‘g‘rusig‘a taqilg‘on bog‘ichlarini bir-biriga keltirib tugdi, so‘ngra qisqa semiz bilagini ochib, yaxtak yengini tirsagigacha chiqarib shimardi-da, ketmonini ikki qo‘llab ushlagancha qizil sallali yigitning oldig‘a keldi. – Imoningni o‘guravur, Badal, – dedi Po‘lag‘ur ketmonini yerga qo‘yib va sopining ustiga yum-yumaloq mushti bilan gurs etib urub qo‘ydi, – yo bo‘lmasa oyog‘imni o‘p, sallani ber! Po‘lag‘urning bu so‘zidan yosh-yalanglar xo-xolashib kulib, keksalar iljayishdilar. Brigadir Islom novcha ketmonini qo‘lig‘a olib hammadan yarim gaz yuqori turg‘on qaddi bilan g‘o‘zaning ustiga yurib keldi, uning orqasidan boshqalar ham ergashdilar. Keyingi sug‘orish bilan anchagina ko‘tarilib qolg‘on g‘o‘zaning hozirg‘i ko‘laga joylari bir qadar loy, besh-olti odimgacha serxato va qisqa bo‘yli edilar. Qolmish g‘o‘zalar esa, ko‘z ilg‘amay soyg‘a tushib ketkancha elli santimetr chamasi durkun o‘skan va aksar tuplarining quyi bo‘g‘umlarida sarg‘ish-pushti kapalak qo‘ng‘on kabi gullar ko‘rinar edi. Islom brigadir egatdan birini chopib sinab ko‘rdi. – Bu yerlar loyroq, ketmonga yopishadir! – dedi va besh-olti qadam g‘o‘zadan tashlab ichkariladi va yana chopib ko‘rdi. – Shundan boshlayiq, bu yoqni kechki payt boplaymiz. Brigadir uvat yonidag‘i chet qatorg‘a o‘tib, yon qatorig‘a Po‘lag‘urni chaqirdi: – Qani, kallakdor polvon, menim yonimdag‘i egatka, siz, Badal qahramon, kallakdorning yonidag‘i qatorg‘a, siz, o‘rtoqlar, o‘z qatorlaringizg‘a joylasha beringizlar. Po‘lag‘ur brigadirning yonig‘a kelib, uning qatorig‘a Badal kelib tushdi. Boshqa qatorlar ham kolxozchilar bilan to‘lib, yigirma besh metr qadar joyg‘a yerlashdilar. Brigadir ularni sanab chiqdi: – Bir, ikki… yigirma uch, men bilan yigirma to‘rt, to‘g‘ru, qani, og‘alar, boshladiq! Kallaxom, seplamaga yo‘l yo‘q, Badalboy, sizga ham! Kesaklar ushalsin, o‘tlar o‘lsun, bo‘g‘uzlar to‘lsun! Ketmonni ildizdan qochirib yuritasiz; basharti bir qatordan zararlangan g‘o‘za uch tupg‘a yetsa, osh bir kosa, non yarimta! Po‘lag‘ur qo‘lig‘a tuplar ekan, ko‘zini ola-kula ochib, qatorning boshig‘a qarab oldi va “sharmanda qilma”, dedi-da ketmon tashladi, boshqalar ham chopiqqa kirdilar. Ketmonlar oldin-ketin ko‘tarilib tusha boshladilar. “Tirs-turs”, “chaq-chuq” etkan tovushlar chiqib, yuqori ko‘tarilgan ketmonlarning yaltiroq sirtig‘a tutulg‘on quyosh nuri yalt-yult chaqnab turdi. Pushtadagi quruq tuproqlardan ozroq chang ko‘tarilib ketmonlar bilan o‘ynasha va atrofg‘a tarqala boshladilar. Chopiqdan chiqqon joylar silliq manzara ola bordilar. Po‘lag‘ur biroz shoshinqirag‘on holda tars-turs ketmon solmoqda edi. Badalning ketmoni u qadar shoshib tushmasa ham, lekin har bir ketmoni kerakli joyg‘a tushib, bir tupni ikki ketmon bilan sarishtalab bormoqda edi. Har ikkisining chopig‘ig‘a ko‘z qirini tashlab borg‘on brigadir bir vaqt ketmoniga suyanib to‘xtadi. – Sen, kallaxom, chopiqda biroz chala ekansan, kuching bekorga sarf bo‘lmoqda! – dedi. – Ketmonni mo‘ljallab tashla, birinchi ketmonda o‘t o‘lsin, kesak ushalsin, ildiz bo‘shalsin va shu tuproq bilan narigi g‘o‘zaning bir yoq bo‘g‘ozi ham to‘lsun, ikkinchi ketmonda berigi bo‘g‘ozi to‘lib, uchinchidan chala qolg‘on o‘runlar qumlansin; onda-sonda uchragan katta kesaklarni ketmonning muhrasi bilan bir ur-da, keta ber. Hozir Badal bilan baravar borayotg‘on bo‘lsang ham, biroq uzoqqa chidamaysan, negaki birining o‘rnig‘a ikki kuch sarf qilmoqdasan. Po‘lag‘ur so‘z tinglash uchun ishdan to‘xtamadi, chunki “dushman” hazil emas edi. Ishlar ekan brigadirning so‘zini tingladi. – To‘g‘ri, – dedi Po‘lag‘ur, – ishimning po‘lqilig‘ini o‘zim ham payqab qoldim. Chopiqchilar kulib yuboradirlar. – Bali, – dedi brigadir, – senda Badalning ikki kuchi bor, biroq hadis yo‘q. Ketmonni hamma vaqt baland ko‘tarib bir xil qo‘nuqda tushurma; kesak ko‘chiraturg‘on bo‘lsang baland ko‘tar-da, o‘rta damini ishlat, qumlashda miyona ko‘tarib o‘ng daminigina ishlat, kerak bo‘l(ma)g‘onda so‘l damini ishlata ko‘rma! Ana, ana, tamom! – Obbov, – dedi ishdan to‘xtab Badal, – ta’limingizning hammasi bu kunga yig‘ilib qolg‘on ekan-da. Brigadir iljayib oldi: – Maqsad si(z)larning musobaqalaring ustuda emas, – dedi, – kolxoz uchun usta chopiqchilar kerak, men buni hamma vaqt aytib kelaman, to‘g‘rusini aytg‘anda, Roziq bu turg‘onlarimizning hammasidan ham zo‘r, biroq chopiqqa kelganda malakasi oz. Agar shu kallaxom chopiqqa rosa usta bo‘lsa, bir kunda ikki odamning ishini qilaberadir. Bu nima degan so‘z? Agar chopiqqa omilkor bo‘lg‘on Roziq biz bilan yigirma kun ish qilsa, o‘zi to‘rt gektar yerni ortiq ishlab, mana shu turg‘onlarni bir kun ishdan qutqorg‘on bo‘lishi ustuga, chopiqni ham o‘z vaqtida bajarishka imkoniyat bergan bo‘ladi. Yigitlardan “to‘g‘ri-to‘g‘ri” degan tasdiqlar eshitildi. – O‘zaro musobaqa kerak, – dedi davom etib brigadir. – Shu bilan birga bilgan hunarlarimizni bir-birlarimizdan yashirishimiz yaxshi emas, to‘g‘ri kelgan sayin bir-birimizga tajribalarimizni o‘rgatishimiz zarur. – Qoyil(cha)man, ulug‘im! – dedi Po‘lag‘ur ketmon(n)i tarsillatib. – G‘alamisqa adab bering, g‘alamisqa. Chopiq davom qilar edi. Musobaqachilar ko‘bchilikni besh-olti odim orqada qoldirib ilgariladilar. Quyosh betini yangicha oq bulut qoplag‘andek bo‘lib yorug‘liq loyqadi va tiq etkan shamol yurmay nafas olish ancha qiyinlashdi, chopiqchilarning manglaylaridag‘i ro‘mollari ter bilan ho‘llansa ham, hali siqib tashlayturg‘on darajaga yetmagan edi. Sergo‘sht yigitlarning yaxtak yelkalarida birmuncha ter nishonlari ko‘rindi. Islom brigadir manglayig‘a terilib qolg‘on terni barmog‘i bilan sidirib tashlag‘ach, oldi ochiq yaxtagining bir bari bilan o‘zini yelpidi, ikkinchi qo‘li bilan ketmonga suyanib orqasig‘a – yong‘oq tomong‘a qaradi: – Avaz, ha-ay!! – Hovv! – Otlarni pastka tushurib, o‘t bosqon bedaga bog‘la, qaytishingda o‘sha joydag‘i qo‘rg‘onlardan kosa yig‘ib kel. Hozir samovaring qaynag‘on bo‘lsa, bir qumg‘on choy damlab keltir! – Xo‘b. – Bormisiz, ulug‘! – dedi Po‘lag‘ur harakatdan to‘xtamag‘on holatda. – Halqumlar quridi-ku. Musobaqachilar boshqalarni o‘nlab odim orqada qoldirdilar. Har ikkisi ham baravar bormoqda, ora-sira Po‘lag‘ur bir-ikki odim oldinlasa ham, Badal buni sezdi deguncha bir chiranib yetishmakda edi. Po‘lag‘ur kutmaganda Badal ishdan to‘xtab, manglayidag‘i ro‘molini yeshib bet va gardan terlarini artib yelpindi va lippasidan nosqovog‘ini chiqarar ekan: – To‘xta, kallaxom, nos otib olamiz! – dedi. Vaqtni g‘animat bilgan Po‘lag‘ur to‘xtamadi. – Nosing nimasi, men nosni tashladim… ko‘zing tindimi! – dedi. – Qo‘yma, ko‘r! – dedi orqadan allakim. – Qo‘ymayman, bu kun Badalingni(ng) iyig‘ini chiqaraman! Vaziyatning yomong‘a aylanishini bilgan Badal qo‘lig‘a olg‘on nosqovoqdan nari-beri og‘zig‘a to‘kdi-da, ketmoniga yopishdi. Badalning shoshib qolg‘onlig‘ini orqadan ko‘rib turg‘on yigitlar qiyqiriq urdilar. – Badalni shoshtirdi! Badalni esankiratdi! – Bo‘sh kelma, Badal! Savalay ber, Roziq. – Qiynab o‘ldiraman, qiynab! – dedi Po‘lag‘ur. Nima bo‘lsa ham haligi to‘xtalishda Po‘lag‘ur to‘rt odim oldinlab qoldi, Badal esa yetib olish uchun hamma hunarini sarf qila boshladi. Hozir har ikkisi ham buhronli minutlarni kechirar edilar. Bularning jon achchig‘ida qilayotg‘on harakatlarini va chopiq sifatlarini ko‘zdan kechirib turg‘on Islom brigadir orqadan qichqirdi. – Seplama(ga) aylanmangiz, yigitlar! Sen, kallaxom, boyag‘i ta’limni esingdan chiqarma! Po‘lag‘ur orqasig‘a qaramay javob berdi: – Ta’limingiz toshqa bitilgan. Qumg‘onda choy kelishi bilan og‘zidag‘i tupugi qurig‘on chopiqchilar chug‘urchuqdek qumg‘ong‘a yopishdilar. Har kim piyolani ilgari to‘ldirishg‘a shoshildi, biroq musobaqachilar joylaridan qo‘zg‘olmadilar. – Sizlar ham choy ichib oling, yigitlar, – dedi Islom brigadir. Ulardan javob bo‘lmadi. – Ular hali yosh, – dedi keksa bir kolxozchi, – ularg‘a choydan ham yuz suvi kerak. – Bu kun Badal qizil salladan ajraladi-yov. – Ajralmaydi, – dedi kechagi kun Badaldan yengilgan Sohibtoy, – Badal chapdast. – Qancha chapdast bo‘lsa ham, bir haftadan beri kurashib charchag‘on, – dedi keksa kolxozchi, – besh qadam o‘zidan o‘tqazdimi, bu endi bo‘lmaydi, degan gap bo‘ladir. – Badal cho‘zilib qopti, kechagi dabdabasi yo‘q. – Ko‘ring, bizlardan xili quvroq ekan, Jalil, – dedi o‘tkan kun Badaldan yengilgan Rahimberdi, – bu itdan tuqqon ko‘r Badalning mazasi ketkan kunni chog‘lab bellashdi-da! – Men so‘zlaringga qo‘shilolmayman, – dedi orqaroqda choy ichib o‘ltirg‘on xondiq yigit, – humsongning iligi to‘la. Bir piyoladan choy ichib surnayni ho‘llagach, ular chopiqqa tushdilar. Badal Po‘lag‘urni quvlab ketmakda, Po‘lag‘ur o‘ziga yetkazish o‘rnig‘a, bil’aks, undan asta-sekin uzoqlashib bormoqda edi. Bu kichkina muvaffaqiyat Po‘lag‘urg‘a qanchaliq ruh va kuch bag‘ishlasa, Badalni o‘shanchaliq bo‘shashtirib, ruhsizlantirmoqda edi. Har ikkisi ham obdon terlab oldilar. Ayniqsa, Po‘lag‘urning yaxtagi suvg‘a solib olg‘ondek shalabbo bo‘ldi. Shalop-shulip qilib xalaqit bera boshladi. – Yeshsam qutulamanmi! – deb hayqirdi bir vaqt Po‘lag‘ur va yaxtagini yeshib chopilg‘on pushtaga itqitdi. Ishtonini lippa urib yana ketmonga yopishdi. Orqadag‘ilar kulushdilar. – Oftob uradi, kallaxom! – dedi orqadan brigadir. – Ey, men bu kun oftob bilan ham gaplashaman. – Birozdan keyin enangni ko‘rsatadir, – dedi allakim. – Ikkoving kelib choy ich! – dedi brigadir. Biroz javobsiz chopiqni davom etdirib bordilar. Po‘lag‘ur chopib borg‘on holda orqasidag‘idan so‘radi: – Ichamizmi, sherik? – Ichsang, ichamiz. Ikkisi ketmonni baravar tashlab pushtadagi qumg‘on yonig‘a keldi. Po‘lag‘ur bir piyolani Badalga quyub, ikkinchisini o‘ziga solar ekan, “dushmang‘a” manglay ostidan mo‘raladi. – Tobing qalay, sherik? – Yaxshi. – Sallani urintirmay topshirsang deyman! – Hali topshirishimg‘a vaqt bor. – Anovi ketmonlarning bir-biridan turush farqig‘a ham qarab qo‘y. – Besh qadam nari-beri bilan bir yerga bora olmaysan. – Xo‘b, nosingni ol bo‘lmasa. Choyli piyolalarini g‘o‘za ko‘lagasiga qo‘yib nos chekishdilar. Po‘lag‘urning quyoshda kuyib qorayg‘on yelka va bo‘yinlaridan to‘xtovsiz ter quyub turar edi, bo‘yun tomiri tez-tez tashqarini turtib, burun kataklari nafas olib chiqorg‘onda siqilib, kerilar edi. Badalning chekka tomirlari o‘qlog‘idek tashqarini turtub, ko‘zi qon quyg‘on kabi qizarg‘on edi. Po‘lag‘ur nosni tuflab, qo‘lig‘a choyni olib og‘zini chayqadi. – Sen, Badal, inim, boya bir yanglishding. – Nega yanglishdim? – Ish paytida nos chakib yanglishding, zantaloq nosni chakkaningdan keyin cho‘llatadi, bir narsa ichmasang, kishini abgor qiladir. Sen nos chakib olg‘on keyin, men arvohingg‘a fotiha o‘qib qo‘ydim. Darhaqiqat, har qancha urunsang ham menga yetib kelmading, qaytag‘a borg‘on sayin sudralding… Agar men choy ichishka ko‘nmasam, pushtada o‘lib qolg‘on bo‘lar eding… So‘kma-so‘kma, da’yus, senga o‘xshag‘on odam tarashlari ko‘r Roziqni ahmoqqa hisoblasalar ham, lekin men senga o‘xshash xom da’yusg‘a qirq yil dars beraman. Ikkovi ikki piyoladan choy ichib olg‘uncha ermak uchun “shirin-shirin” so‘kushib oldilar-da, yana ketmon bilan olishib ketdilar. Paxtaning boshi bir yuz elli metr chamasi bo‘lib, yanoqqa kelib bitar va yanoqdan e’tiboran soyg‘a tushkuncha ko‘ndalang egatli alohida taxta boshlanar edi. Egatning boshi yaqinlashqon sayin Badalning ko‘zi Po‘lag‘urning qatorig‘a tusha boshladi. Chunki Po‘lag‘ur Badaldan to‘qquz odim chamasi ilgarilagan edi. Oradan yana besh daqiqa chamasi fursat o‘tib, Po‘lag‘ur Badalni o‘n odim chamasi orqada qoldirib o‘z hissasini bitirdi va hech narsaga qaramay yalang‘och yelkasiga ketmonni qo‘yib, chopiqlarning eng chetdagi qatorig‘a yurdi. Yoqimsiz qilib: “Savlatingga – g‘ayratingga qoyilman”, degan yallani aytib qo‘ydi, go‘yo bu bilan o‘zining muvaffaqiyatig‘a jar solg‘on edi. Kolxozchilar iljayishib oldilar. – Kallaxom bajo! – dedi keksa kolxozchi. – Bajolig‘in aytishg‘a hali vaqt erta, – dedi brigadir. Brigadirning bu so‘zi maxtov kutib turg‘on Po‘lag‘urg‘a uncha yoqmadi – Yetti yarim gazlik soyangiz bu yoqqa oqqanda-a? – dedi-da yangi qatordan chopiqni boshlay berdi. Bu so‘z bilan birdan hamma xoxolab yubordi. Chunki Po‘lag‘ur “etti yarim gazlik soya” deb brigadirning uzun bo‘yidan kinoya qilg‘on edi. – Obbo to‘ymag‘ur, ulug‘ni oldi! – Aslo ham yomon tishladi! Bir necha vaqt kulgu orqasi uzulmay turdi. Islom brigadir ham qotib kular edi. Po‘lag‘ur yangi qatorni Badaldan o‘ttuz odim ilgari bitirib, Yunus otaning oldig‘a keldi. Manglayini tangg‘ig‘on ro‘molini yeshib, ustudan chelakdagi suvdan quydi, siqib tashlag‘ach manglayini yangidan tang‘ib oldi. Qozonidag‘i asta-sekin qaynab turg‘on oshqa uzoqdan mo‘ralab, “menikini serqatiqroq qilasiz!” dedi va Badal kelayotqon qatorning yonig‘a, o‘zining bu kungi uchunchi qatorig‘a tushdi. Negadir hozir chopiq(chi)lar orasidag‘i boya davom etib turg‘on choq-choq va bordi-keldi gaplar bitib, o‘rtani bir jimlik qoplab bormoqda edi. Musobaqachilardan boshqalarning ketmonlari ham suvi ozayg‘on objuvozning poyko‘pidek salang‘lab-salang‘lab yerga tusha boshladi. Ular ikkinchi qatorni bitirayozg‘on paytda bu salang‘lanish yana boshqacha tus olib, ba’zan yuqori ko‘tarilgan ketmonlar aljib bir-birlariga taraq-turuq to‘qunib ham ketdilar. Ketmonlar tuqushg‘ondan keyin o‘zaro ola-g‘ovurlar kulgu va gap boshlandi. – Mastmisan? – dedi ketmoni to‘qunishqonning biri ikkinchisiga. – Mast emasman, do‘lda hech gap qolmadi. Brigadir bularning so‘zidan iljaydi va o‘z yaqinida yurgan Yunus otag‘a hayqirdi: – Bularning janjalini eshitasizmi?! – Eshitib turibman, – dedi ota tishsiz og‘zini iljaytirib. – Oshning o‘tini boya o‘churganman, biroz sovisa, qatiqlayman. Islom brigadir chopiqchilarg‘a o‘zlarini ozg‘ina tetik tutushka tavsiya qilib, “suv bo‘yig‘acha” sal qolg‘onlig‘ini aytib o‘tdi. O‘z qatorini bitirganlar birin-sirin ishdan chiqib, Yunus ota suv sepib kiyiz to‘shagan joyg‘a – o‘ruk tegiga kelib o‘ltira boshladilar. Avaz ularg‘a bir piyoladan ko‘k choy berib turdi. Brigadir ham o‘z qatorini bitirib ketmonini pushtaga yumalatdi. Yelpina-elpina qozon ustuga keldi. – Kechlik kulchatoyning go‘shtini ko‘tarib qo‘yg‘onmisiz? – deb so‘radi otadan. – Ha, chelakka solib o‘rukka osib qo‘ydim. – Ko‘pchilikka yetar? – Bemalol yetadir, yigirma besh qadoq go‘sht yetmasinmi? Brigadir qozon boshidan musobaqachilar qatorig‘a bordi. Po‘lag‘ur yangi qatorning yarmidan ham o‘tkan, Badal esa undan yigirma metr chamasi orqada borar edi. – Bas endi, oshqa chiqinglar. Brigadir chopiqchilar yonida qo‘lini yuvar ekan, Po‘lag‘urning boyag‘i payravi esiga tushib ketdi. – Kallaxomning mendan achchig‘lang‘oni ham to‘g‘ri, bu kun Badalning mazasi yo‘q. – Mazasi qochdi, deb aytdim- ku. – Endi ham mazasi qochmasinmi, yetti kundan buyon jon otib keladir, – dedi yonboshlab yotg‘on keksa kolxozchi. Musobaqachilar ham ishdan chiqdilar. Badal qizil sallani boshidan olib o‘zini yelpib kelar edi, orqada Po‘lag‘ur manglay ro‘moli bilan yalang‘och badanini artib terini qurg‘atar edi. – Ha, Badal, maza jo‘qpa? – dedi Sohibtoy. – Maza qochdi, – dedi Badal boshini chayqab. “Dushman”ning o‘z og‘zidan chiqqan “maza qochdi” so‘zi bilan Po‘lag‘ur diringlab yuqori sakradi va ayg‘ircha kishnab yubordi. Kolxozchilar qiyqirib kuldilar. – Obbo, harom qotqir-ay! – dedi Rahimberdi. – Badalni yengdingmi? – Bu hali hisob emas, – dedi brigadir, – loaqal yuz odim oldinlamasa, men hisobg‘a olmayman. – Xo‘b, xo‘jayin, xo‘b, – dedi Po‘lag‘ur, – kechki payt kolxozning novcha muftisi (kulgu) mendan ikki yuz odimni hisoblab olsin, faqat hozir menim nonimni ikkita, oshimni uch taboq qilishg‘a fatvo bersangiz, bas. Avaz kolxozchilarg‘a bittadan non ulashib chiqib brigadirga ham bitta non berib o‘tdi. Navbat Po‘lag‘urg‘a yetkanda Avaz brigadirga qarab to‘xtadi. – To‘ymag‘urg‘a ikkita non ber, Badalga ham ikkita, – dedi brigadir. Chopiqchilarg‘a bir toboqdan osh berildi, to‘rt kishiga tovoq yetishmagan edi, ikki piyolasi bir tovoq hisobidan ular ham tinchitildilar. Birinchi navbat osh ichilib, ikkinchi qayta osh suzildi. Lekin bunisi birinchi tovoq kabi tez bo‘shamadi, chopiqchilar manglay va bo‘yinlaridag‘i terlarini artib turushg‘a ko‘brak ovora bo‘ldilar. Po‘lag‘ur ikkinchi tovoqni bo‘shatib nonni ham yeb bitirgan edi. – Faqirniki uch tovoqmi, ulug‘? – deb brigadirdan so‘radi. Brigadirdan “ha” javobini olg‘ondan so‘ng tovog‘ini Avazga uzatdi: – Juda ham to‘ldirma, bunisi o‘zi itlik! Gurr etgan kulgu ko‘tarildi. – Shoshma, Avaz o‘g‘lon, – dedi Po‘lag‘ur, – jazni sal ortig‘roq tashla, domla Roziq oxung‘a desang, o‘zi biladi. Chopiqchilarg‘a yana yarim tovoqdan osh tegdi. Oshdan keyin bir piyoladan choy ichib, og‘izni tozaladilar, ariqcha ichida o‘ltirmay chopiqqa tushdilar. Chunki yana bir soat chamasi ishlangandan so‘ng quyosh tik ko‘tarilib kun obdon qizg‘onda hammalari ishdan chiqib, bir yarim-ikki soat chamasi uxlab olar edilar. Shunda ular tilagancha choy ichar edilar. Kechki osh to‘g‘risida Yunus ota bilan Avazga ba’zi ta’limotlarni bergandan so‘ng brigadir ham chopiqqa keldi. Quyosh qizig‘ondan qizib boradir, ko‘kdagi qushlar uchushdan to‘xtadilar, g‘o‘za ustuda uchub yurgan oq-sariq kapalaklar g‘o‘za bag‘rig‘a kirib yashirindilar, chumoli va chigirtkalar ham kesak va o‘t ostig‘a kirib yotadirlar. Atrof og‘ir bir sukutga ketadir, ammo bu jimlikni kolxozchilarning kesakka to‘qung‘on ketmon tovushlari buzib turdi. Quyosh tig‘i badanga yasmoq oynadan o‘tkan kabi jozillab to‘qunadir, shamol yo‘q, ketmonning ko‘tarilib-tushush sur’atidan hosil bo‘lg‘on shamol ham, issig‘ bo‘g‘ bo‘lib dimoqqa uradir. Ayniqsa, hozir ko‘brak burqiy boshlag‘on chang, tong‘loyni qaqratib, chopiqchilarni o‘qchitadir. Yigitlar dam-badam to‘xtalib yelpinadilar, manglaylaridan favqulodda quyib turg‘on terni artib ro‘mollarni siqib tashladilar. Etiklilariga unchalik sezilmasa ham, yalang oyoqlarig‘a qizg‘in kesakda uzoq bosib turush mumkin bo‘lmay qoladi: tez-tez bir o‘rundan ikkinchi o‘rung‘a sakray boshladilar. Musobaqachilardan Po‘lag‘ur o‘zining uchinchi qatorini bitirib to‘rtinchini ham yarimlatadir. Ammo Badal uchinchi qatorni bitirish oldida turadir. Boshqalar uchun uchunchini bitirishga hali anchagina bor. Hamma hozir mo‘ljalli chopiqni ham bitirib olishdan boshqani o‘ylamaydir. Gapirishga ham toqat yo‘q, chunki og‘iz yelimlanib tupuklar qurig‘on, to‘g‘risini aytkanda, gap eshitish ham ko‘ngilni behuzur qiladi. Mana shunday buhronli nozik bir vaqtda, hech kim kutmagan va o‘ylamag‘on bir paytda Po‘lag‘ur ashula qilib yubormasinmi? Shunday hammani chor-nochor kuldirib “mattaso‘f” Po‘lag‘ur hamma tovshini qo‘yib og‘zig‘a to‘g‘ru kelgan “terma” baytlardan “o‘nlar” edi. Qoplog‘oning somonmi, xonim, Chopiqchilar omonmi, begim. Uzoq qir ham Po‘lag‘urni javobsiz qoldirmaydi: Chopiqchilar omonmi, begim… Chopiqchilar Po‘lag‘urning namoyishkorona ashulalariga iljayib olsalar ham bu haqda yonlaridag‘i o‘rtoqlari bilan fikr olishib turmadilar. Chunki quyosh hozir zolimona to‘n kiyib kolxoz bolalarini majburiy sukutka yuborg‘on edi. O‘z qatorlarini bitirgan chopiqchilar so‘zsizgina ketmonlarini yelkalariga qo‘yib shilqillag‘on holda yong‘oqning salqinig‘a jo‘nay boshladilar. Kelib ketmonlarini chetka tashlag‘oncha samovar tevaragidagi piyolalarga sovutilib qo‘yilg‘on ko‘k choyni ichib uzun nafas olg‘och, yangi piyolani to‘ldirib Yunus ota tomonidan yozilib qo‘yilg‘on bo‘z ko‘rpacha va yostiqlari ustiga yaslana berdilar. Musobaqachilardan boshqalar ishdan chiqib bir-ikki piyoladan choy ichib olg‘onlaridan so‘ng nafaslar rostlanib, og‘izlar suvlandi. Badanga jon kirgandek bo‘ldi. Orada bir-yarim so‘z ham eshitilib qoldi. – Senlar ham ishni to‘xtat! – deb baqirdi musobaqachilarga brigadir. Shuni kutib turg‘ondek Badal ketmonni egatka yumalatib yong‘oq ostig‘a qarab yurdi. Ammo Po‘lag‘ur hanuz o‘zining “makki-chakki” ashulasini aytib, borib yetishka o‘n odimcha qolg‘on qatorni bitirish uchun intilmakda edi. Badal boshidag‘i qizil sallani olib Po‘lag‘urning yo‘li ustiga tashladi. Islom brigadir yo‘l ustuda Badalni bir piyola yarim sovitilg‘on ko‘k choy bilan kutib turmakda edi. Ko‘k choyni Badalga uzatar ekan: “Balli, yigit, yetti kunga chidading-a, ich choyni”, deb qarshiladi. Yaslanib yotqon kolxozchilar ham Badalning yetti kun ichida ko‘rsatkan qahramonlig‘ini taqdir etdilar. – Yana uch kun chidayman, degan edim, – dedi Badal terini qotirish uchun o‘zini yelpinar ekan. – Odam fo‘lod emas, holbuki, fo‘lod ham yeyiladi, – dedi keksa kolxozchi. Birozdan keyin qizil sallani boshig‘a o‘rab, yalang‘och Po‘lag‘ur ham chiqib keldi. Yalang‘och badani misdek kuyib, yomg‘ur kabi oqayotqon teri ishtonig‘a oqib tushmakda, ishton esa suvg‘a solg‘ondek terga bo‘kkan edi. Buning hozirg‘i ko‘rinishi hindilarning o‘luk yoqaturg‘on go‘rgovlari(ni) xotirlatmoqda edi. Islom brigadir Po‘lag‘urni ham Badal kabi yo‘l ustida yarim sovuq ko‘k choy bilan qarshiladi. Ammo qo‘lidag‘i ko‘k choy bu gal ikki piyolada edi. Bulardan birini Po‘lag‘urg‘a tutdi. – Bu kun Badalni yengdik, balli, yigit! – dedi. – Biroq u yetti kishini yenggandan so‘ng yengildi, chunki Badal charchag‘on, yengilishga majbur edi. Shuning uchun biz uni sendan yengildi deb aytolmaymiz. Basharti sen ham yetti kishini yengsang, Badal bilan tenglashkan bo‘lasan, sakkizini yengsang-chi, Badalni yenggan bo‘lasan… A, shunday emasmi, o‘rtoqlar? Yaslanib yotqonlar bir og‘izdan: – To‘g‘ri, shunday… – deb javob berdilar. – Xo‘b, – dedi Islom brigadir va Po‘lag‘urni choyni ichishka buyurub, o‘zi qo‘lidag‘i bir piyola choy bilan bir-ikki qadam olding‘a yurdi. – Og‘aynilar! – dedi yaslang‘on kolxozchilarg‘a xitoban. – Biz hozirg‘i singari va boshqacha musobaqalar bilan kolxozimizning boshqa brigadalariga qarag‘onda ancha ilgarida boramiz; boshqalar ikkinchi chopiqni bajarib turg‘onda biz uchunchi chopiqni bitirish arafasida turamiz. Bu nimadan? Bu albatta shuning singari musobaqalarimizning hamisha davom etkanligidandir. Hozir bizning ko‘b bo‘lsa o‘n kunlik chopig‘imiz qoldi, shu chopiqni bir kun ilgarida bitirsak, avval bizning, so‘ngra mamlakatimizning foydasidir. Mana shu loaqal bir kun ilgarrak bitirishimizning birinchi shartlaridan bo‘lg‘on oramizdag‘i musobaqani davom ettirishni tilagan o‘rtoq o‘rnidan turib kelsin-da, menim qo‘limdag‘i ko‘kchoyni ichsin; bu kunmas erta uchun o‘rtoq “kallakdor ro‘yinatan” bilan (kulgu) qo‘l olishsin. Brigadirning Firdavsiy ta’biricha ketkan “kallakdor ro‘yinatan”i boshida qizil sallasi, yalang‘och tani, ho‘l ishtoni bilan so‘l qo‘lini chap biqinig‘a tirab, o‘ng qo‘li bilan bo‘sh piyolani g‘oz ushlab, g‘ilay ko‘zini ko‘kka qaratg‘on holda olding‘a tomon besh-olti qadam bosdi, kolxozchilar o‘z rolini joyida ado qilg‘on Po‘lag‘urning bu harakatidan kulib qotdilar. Kulgu orasi anov kun Badaldan yengilgan Nosir o‘rnidan turib kelib brigadirning qo‘lidag‘i sovuq choyni sumurib ichdi va shu holda ustiga “kallakdor ro‘yinatan” yetib kelib, qaddini yuqori cho‘zib go‘yo sher kabi qurqirag‘on tovush chiqardi: – Ertaga men bilan panjalashaturg‘on senmi? Nosir ham qurqurab javob qaytardi: – Men! Nomim Nosir sayyor Toshkentiy! Yana kulgu ko‘tarilib, serkulgularning ko‘zlariga yoshlar chiqdi. Ikki soatg‘ina vaqtg‘a kolxoz bolalarini ishdan qochirg‘on quyosh o‘t to‘nini kiyib yer yuziga olov pufladi. G‘o‘za ustlari oq tutunli ko‘rinishga kirib barglari ham tozi itning qulog‘idek shalpayadir. Uzoq-uzoqda boya ko‘karib ko‘ringan g‘o‘zalar, hozir oq tumanga burkanib ko‘z ilg‘amay turg‘on holg‘a keladirlar. Oq tumanning ustroqlari quyidan o‘t yoqqondek yallug‘ beradirlar. Negadir yong‘oq daraxtining tanasida, atroflab suv sizib tusha boshladi. Tartibsiz holda cho‘zilib uxlag‘on kolxozchilarning ham chakkalaridan suv sizadir… Atrof jimjit. O‘ttiz-qirq qadam naridagi kichkina chakalak ichida yigitlarning uyqusig‘a xalal bermaslikka tirishg‘on Yunus ota shitirlatmasdang‘ina cho‘pchak terib yuriydi. Salomnoma — Otqa qoqqan taqadek, suvdan chiqqan baqadek, bir mirilik chaqadek— ma’orif sho‘rosiga salo-o-om! — O‘zi chetka buqinub, shaxsiyatka to‘qinub, allakimga cho‘qinub — o‘g‘ri ushlaganga salo-o-om! — Ko‘rungan yer oq salla, oq bo‘lsa ham bo‘sh kalla, oqu qora ham malla — Turkiston ulamolariga salo-o-om! — Boshlarig‘a soch qo‘yg‘an, otlarini yosh qo‘yg‘an, fahsh deganni fosh qilg‘an, yana otini yosh qo‘yg‘an — dumsizlarimizga salo-o-om! — Maskov borib kelibon, minglab foyda qilibon, haftada gap yeyibon, tomga karnay qo‘yibon; xalq qayg‘usin yemayin, maktab ochay demayin; ellik-oltmish qo‘y bergan, sakkiz kunlab to‘y bergan — Turkiston savdogarlariga salo-o-om!.. Amma-xolasi havodor, aylanay! Kelin yangasi: Dumbulnisa. Sart og‘a-inilarga «Tarixiy halokat oldinda» maqolasining egasi mashhur Olimjon Ibrohimovga bag‘ishlanadir Tepa choching tik turdimi, o‘zbek aka? Bu galcha kechirasan mani, chunki yuqoridag‘i g‘ayritabiiy sarlavhamni Ostromumov to‘ra davrini eska tushirmak uchun va bu kundagi ba’zi qozoq, totor, no‘g‘oy ziyolilarining xotiri shariflarini olmoq tilagida yozib yubordim. Yo‘qsa manda had bo‘lg‘aymiki do‘ndiq va shinam «o‘zbek» so‘zining bir tola mo‘yini xam qilay va yo «o‘zbek» so‘zining alifini teskari qo‘yay?! Tangrim saqlasun bunday ozg‘unliqdan, to‘zg‘unliqdan! Bundagi «O‘zbek og‘a-inilarga» o‘rnig‘a «sart» … deb ketuvim yuqorida sanalg‘an ba’zi ozg‘unlar tushinsun uchun, bilsun uchun «o‘zbek» so‘zini onglamasdan «Chig‘atoy lug‘oti»g‘a murojaat va qadam ranjida qilmasunlar uchundir. — Yoinki sizniki chakkimi?.. Shu baliyaga giriftor bo‘lg‘an o‘zbek og‘a-inilardan kaminaga hamisha zorlanish xatlari va bu balodan qutulmoqqa tadbirlar so‘rab murojaatnomalar kela boshlag‘ach umumiy ravishda ushbu sirkulyarimni yozmoqg‘a majbur bo‘ldim. Xafa bo‘lmangiz o‘quvchi; sirkulyarimning «Mulla Nasriddinning dumi xurjinda»siga o‘xshab ketkaniga hozir o‘zim ham tushunib qoldim. Endi qozoqning bir miriligidak qilib belingizga tugub beray: Soyi Idil bo‘yidan ochiqib Turkistong‘a kelgan tatar qarindoshlarnish xotun-qizlarig‘a bizning o‘zbeklarning ba’zilari «O‘zimizning musulmon-ku» deb va ba’zilari «Tomirimiz, hammamiz bir otaning va bir turkning bolasi-ku» deb uylana boshlag‘an va tatar qarindoshlarg‘a kuyov bola bo‘lmoq istagan ekanlar. Kelinning Idil bo‘yidan kiyib kelgan uvadasi o‘rnig‘a yangi kiyim, yangi ziynatlar ham olib berib xotunliqg‘a olur ekanlar. Lekin «Sut bilan kirgan jon bilan chiqar» maqoli bilan o‘skanlari uchunmi va yo «sart»ning o‘zi shunday jazoga mustahiqmi, nimadan bo‘lsa ham haligi sartg‘a erga chiqqan Idil bo‘yi kelini uzoq chidasa ikki kun, bo‘lmasa birinchi kunning o‘zida yo oshg‘a qorni to‘yub, kekirib erining ko‘zini shamg‘ilat qilib bekinib, butun yangi kiyimlarini ko‘tarub, to‘g‘ri keltursa tag‘in boshqa narsalarini urub alla qayoqqa qochib ketar ekan. Bizning o‘zbek «Endi og‘zim oshg‘a, boshim boshg‘a tegdi» deganda puldan, moldan, kelindan ajrab qolur ekan… Mana mundan tadbir so‘rab murojaat qilg‘uchilar shu yo‘sundagi o‘zbeklar edilar. Shunday polojeniyaga tushkan va mundan keyin Idil keliniga uylanmakchi bo‘lg‘an og‘alarg‘a vasiyatim: 1) — Birinchi martabadan uylanaturg‘aningiz Idil bo‘yi kelinining sizni kim deb bilganini ilgari bilib olingiz. «O‘zbeksan» desa quloq qoqmay uylana beringiz. «Sartsan» desa unday nikohdan hazar qilingiz! Chunki tatarlar «sart» so‘zini «Aldovg‘a qobil» bir ma’noda anglaydirlar. 2) — Shu tajribani o‘tkazmasdan uylanib qo‘yg‘an bo‘lsangiz, butun ish kuchingizni tashlab Idil bo‘yi kelinini poylangiz. Chunki sizni aldab qochmog‘i yaqin ehtimollardandir. 3) — Yaxshisi Idil bo‘yi qizig‘a uylanmangiz, negaki «Tepkan bilan qo‘shulmaydir» maqoli ko‘b tajribalar so‘ngida aytilgandir… Saylovmi, bosqunchilikmi Ulamo va boylarimiz ittifoqga kelmovlari ila barobar saylovni zo‘r tartibsizlik ila o‘tqazdilar. «Sho‘roi islom»ga tovush beruvchiga takfir qiluvlardin va boshqa zo‘rlik ila o‘z no‘mirlarini xalqqa taratuvdin, uchunchi no‘mirni olmay o‘nunchiga tovush beruvni xohlaganlarni mahalladan chiqarmoq, o‘luk-tirigig‘a kirmaslik ila tahdid qildilar. Saylov kuni nizomg‘a xilof o‘laroq, har kimni o‘z tarafig‘a kuchlab undadilar. Masalan bizning «Besh og‘och» dahasina tobe’ «Xo‘ja Nuriddin» mozorida shunday voqi’alar bo‘ldi: erta bilan saylovga bormoq qasdi ila ko‘chaga chiqdim. Katta sallalik mullalar, zo‘r qorinlik boylar qo‘llarinda dasta-dasta o‘z saylov no‘mirlarin olib, baland ovoz ila o‘tkan-ketkanlarga o‘z no‘mirlarin targ‘ib qilmakda, hattoki «Uchunchini olmagan kofir! O‘nunchini xohlagan badmazhab!» deb qichqirmakda edilar. Bu zotlarning hadlaridan buncha tajovuz qilganlarig‘a taassuf chekib, uchastka eshikig‘a yetdim. Bu yerda qo‘llarinda uchunchi no‘mir qog‘az ushlagan mullalar va mahalla imomlari dastalab bo‘lib, kontro‘l ravishinda tekshirib, agarda uchunchi tarafdori bo‘lsa xo‘b, o‘nunchi bo‘lsa necha xil mazammat ila qo‘lidan konvertin olib, o‘z qo‘llarindagi uchunchi joylangan konvertni bermakda edilar. Saylov butun bosqunchilik holin olgan edi. Bu holni ko‘rgach, militsiyaga murojaat qildim. «Maat-taassuf, mullalardan qo‘rqaman!» degan javobni eshitdim. Raisga bildirmoq bo‘lib edim, tig‘izliqdan uyga kirmoq mumkin bo‘lmadi. Hayron bo‘lib turib edim, bir tanishim yonimga kelib: «Bu yerda o‘nunchidan dam ura ko‘rmang, mullalarning tarafidan qo‘yulgan maxsus kishilar bor, agarda mullalarga yetkuzsalar snzga hujum qiluvlari ehtimol», dedi. Voqi’an hujum qiluvlarin o‘zimda sezgan edim. Chunki ba’zi mullalarning va boylarning o‘z og‘zidan: «Har kim o‘nunchiga targ‘ib qilsa to‘b-to‘g‘ri urib o‘ldirish», deganlarini halidan hali eshitmakda edim. Bu hollarni ko‘rgach, butun hushim boshimdan uchdi. Boyagi eshik kontro‘llari oldiga qaytib olarning siyosatlariga qarab turib edim, qora kuch tarafdorlarindan bir maxdum menga o‘qraydi. Bu muhtaram zot-bobarakot maxdumning xo‘mrayuvin darrov sezdim va dedimki: «Maxdum afandi, men xalqni tahdid va takfir ila qo‘rqutib «Sho‘roi islom» ispiskasig‘a targ‘ib qilmayachiqmin. «Sho‘roi islom» bu ishni har bir kishining insof vijdonina topshirmishdir. Ammo siz muhtaram maxdumning ulamo-boyon jamiyatingiz tarafidan bilmadim na uchundir nizom va qonung‘a xilof harakatlar ko‘rulmakdadir. Menga o‘qraymang! Haqsizlik qayu tarafda bo‘lsa shu tarafka o‘qraying!», dedim. Shu asnoda atrofimni haligi maxdumga o‘xshash zotlar chulg‘ab olmish, go‘yoki maxdumning buyrug‘ini kutmaqdalar, toki menga hujum keltursunlar. Maxdum rangi bo‘zargan holda manim yonlarimga va qo‘ltug‘im orasiga qaranur edi. Toki o‘nunchi no‘mirdan bo‘lsa tortib olsun hamda do‘stlariga buyurib urdirsin. Menda hech narsa yo‘g‘ligini bilib boshqa tarafka yo‘naldi. Hamon boyagi bosqunchilik hukm surmakda, o‘nunchini yirtib, uchunchini bermoq davom etmaqda, balki borgan sayin rivojlanmakda edi. Takfir va tahdidlar… Shul orada yoshlardan mulla Zayniddin afandi Husainov qora kuch tarafindan qattig‘ ravishda qiynaldi. Bu hollarni ko‘rgach, qora xalq orasinda turmakni xavflik sanab, uchastkadan chiqdim. Manim ila barobar ko‘b kishilar uchunchiga ovoz beruvga vijdonlari qabul qilmay, o‘nunchiga bermoqqa mullalardan qo‘rqib, saylovdan mahrum bo‘lib ketdilar. Binoan alayhi bu saylovimiz yashirin, tekiz, har kishining xohishicha bo‘lmay, ulamo, boy va maxdumlar bosqunchiligi ostinda ijro etildi. Bunga taassuf etmaska mumkin tugil. Chunki uchunchi ispiskada hurriyat va huquqg‘a shul qadar qarshi eskilik tarafdori qora guruhlar borki, bular hokim bo‘lg‘anda na bir tartibli maktab va na boshqa islohot ko‘rurga mumkin tugil. Shodmarg Mulla Karim Hojining yoshi yetmish yoshlarda edi. Yoshliqda boshiga ko‘b jabr-jafolar tushmish, dunyodagi hamma azoblarni tortmish edi. Balki siz «Mulla Karim Hoji juda kambag‘al bo‘lg‘an ekan, shuning uchun faqirlik azobini, ochlik jafosini tortg‘andir», deb o‘ylarsiz. Yo‘q, Karim Hoji kambag‘al emas edi. Juda boy bo‘lmasa ham, besh-o‘n ming oqchasi, o‘n-o‘n besh botmon sholikor va bir qo‘rasi, yana bular ustiga xatmi kutub ham qilg‘an, zamonadan xabardor, musulmonlarning foyda zarariga tushunuvchi edi. Endi mendan «O‘ziga yetarlik dunyosi, xatmi kutub qilg‘an, zamonadan xabardor bo‘lsa, nima uchun jabr-jafo chekkan?» — deb so‘rarsiz, albatga. Mulla Karim Hojining jafo chekuviga haligi zamonadan xabardorligi, musulmonlarning foyda-zarariga tushunuvchiligi edi. Mulla Karim Hojining qisqacha tarjimai holi mana bu: Bir vaqt mulla Karim Hoji oxundning shahrida qozi saylovi bo‘lg‘an edi (bu vaqt qirq yoshlarida edi). Savdogar qozilar ellikboshilarga va hokimlarga minglab, yuzlab pora tiqib, qoziliqni sotib olg‘ach, bizning Karim Hoji qozi bo‘luvchilar ila etishgan va ularga «Xoinlar, zolimlar, zolim yordamchilari!» deb qichqirg‘an edi. Qozi bo‘luvchilar nafsoniyatka ketib, yuqori hukumatka mulla Karim oxund ustidan: «Siz — hukumat, zolim ekansiz, biz — qozilar, sizlarning xoin yordamchingiz ekanmiz, shahrimiz mullalaridan mulla Karim oxund, siz—hukumatimizni «Zolim» va bizlarni «Zolim yordamchilari» deb atadi. Jazosini beruvingiz marjudir. Mundoq hukumatka qarshi kishilarning yo‘q qiluvingizni o‘tinamiz», deb ariza berdilar. Hukumat bu arizani ko‘ruvi bilan darrov jandarma yuborib, Mulla Karim oxundni turmaga oldirdi. To‘g‘ri so‘zlik jazosini tortib, so‘rovsiz, nesiz, ikki oy yotdi, uch oy yotdi, to‘rt oy yotdi. Beshinchi oyda so‘roq bo‘ldi. Karim oxund to‘g‘ri so‘zlik o‘ldig‘idan so‘ng: — Hukumatni zolim debsan, — deb so‘ragan savoliga: — Juda to‘g‘ri dedim, chunki hukumat jamoatning saylag‘an kishisini jamoat ishiga kiritmaydilar, o‘z tilovincha ish yuritadir. Jamoat biror foyda-zararni ajratuvchini saylovga qaror bersa, darrov hukumat va hukumat bo‘rilari sapchiydilar. Munday hukumatni takroro «Zolim» va hukumat tarafidan qo‘yilgan ma’murlarni «Zolim yordamchilari» deyman, — dedi. Sud o‘lim jazosini buyursa ham, ba’zi suddagilar devona va telbalikka qaror berib, o‘n besh yil katr jazosi ila kifoyalandilar. Oy o‘tdi, yil o‘tdi. Mulla Karim oxund dunyoda ko‘rmag‘an azoblar va jafolarni tortdi. Va hamisha Alloh taolodan zolimlarning jazosini tiladi. O‘n besh yilni azob-uqubat, hasrat va bolalarining firoqida o‘tkazib, jamoat ishina aralashmaslik vazifasi ila vatanina qaytdi. Bolalarni yonida ko‘bda turmadi. Haj niyatida safar qildi. Muqaddas ziyorat joylarida Alloh taolodan zolimlarning jazosini tiladi. Hajdan ham qaytdi. Jamoatka aralashmaslik vazifasi o‘ldug‘indan, zolim hukumat zulmidan hammaslaklari ila birlikda shikoyatlanuv ila kifoyalandi. Mundan so‘ng hukumat jafosina ilinmadi. Ilinganda ham Qora to‘raga (pristav) o‘rnidan turib, ta’zim qnlmag‘ani uchun uch oy turmada yotg‘an edi. Endi chetdangina hukumat zulmiga, musulmonlarning ezilganlariga, shu zolim hukumat ish boshida turar bo‘lsa tez vaqtlarda musulmonlarning inqirozga yuz to‘tuvlarina chin-chindan achinib, kuyinib zolimlar haqig‘a duoyi badlar ila kifoyalandi. Bu zolim adolatsizlik mulla Karim Xojini jabr-jafo, hasrat, afsus ila qartaytirdi, yoshi yetmishga yetdi. Har kun o‘g‘li bozordan qaytg‘anda yangi xabarlar so‘rovchi bo‘lg‘anliqdan bu kun ham yangi xabarlar so‘radi. O‘g‘li suyungan tusda: — Suyunchi bering ota! Xalq va askar bir bo‘lib, hukumatni o‘rindan tushirgan, hamma ish xalq qo‘liga o‘tkan, eski hukumat ma’murlari o‘rindan tushirilib, qo‘lga oling‘an, ministrlar ham hibs etilg‘an, podsho ham qamalg‘an, hurriyat e’lon qiling‘an, dedi. Mulla Karim ota:— Hurriyat?! — dedi, orqasiga yiqildi. O‘g‘illari yuziga suv sepdilar. Lekin ul hushsiz emas edi, balki shodmarg bo‘lg‘an edi. Sho‘x baytal Sho‘x baytal har bir millatda ham bor. Farang sho‘x baytallari haqida ajib rivoyatlar eshitamiz. Angliz siyosiyunlari Lo‘ndo‘n sho‘x baytallarini Sharq amir va shohlarini yovvoshlandirish uchun Arabiston, Eron va Hindistonlarga yo‘llar ekanlar. Lo‘rd Kerzo‘n o‘z siyosatini Sharqda amalga oshirish uchun qizchasini Eron hukmdori Ahmad shohg‘a nazir tortqan, deb ham so‘zlaydirlar. Kobulda yotqan sobiq Buxoro amirining butun qayg‘u kulfatlarini unutdirib turgan ermaklarning birinchisi angliz sho‘x baytallari bo‘lsa, ikkinchisi o‘zimizdan chiqg‘an sho‘x ayg‘irlar, deydirlar. Chet ellarda bo‘lg‘an sho‘x baytal masalasi mana shu yo‘sinda. Ammo bizning maqsadimiz bunda emas. — Ichki Rusiyadan oliq-sotiq uchun bu yerga kelguchi o‘rus qarqunoqlari bor-gap bular ustida ham emas. — Sharif afandi Boychura degancha nasha solingan palov oshab, esirib yurgan tatar olato‘g‘anoqlari ham yo‘q emas — bularning ham bizga ahamiyati yo‘q! Bo‘lmasa gap soyda-yu, qaysi qirda? Berdi Xudo Toshkand uchun bir pari Esankirab ketdi go‘dak ham qari! — Tiss! Durust, O‘ktamxonning Toshkand kelganiga endi ancha yillar bo‘ldi, uning bazmini, husnini ko‘rmagan Toshkand mehmonxonasi endi ehtimol sira qolmag‘andir. To‘y-to‘kunlarda uning bir piyola choyini ichib, chakkasiga yuztalik qistirmag‘an ehtimol siz bilan bizdirmiz. Ammo shunchalik davru davronlar o‘tquzilg‘an va o‘tquzilmoqda bo‘lg‘an bo‘lsa ham bunchalik ochub… tiss! Yopig‘liq qozon-yopig‘liq… Tuya ko‘rdingmi-yo‘q… Tuzuq, Hofizko‘yki mahallasidagi keyingi janjallar bilan ishning usti bir oz ochilub ketkandek ham bo‘ldi, sho‘x baytal masalasi hatto mehrob janjallarig‘a ham aylanib ketdi. Lekin biz shunda ham ishni yopilub qolmog‘ini tilaymiz. Chunki bu ne’mat osmonining ustida ko‘b maxluqlarimizning nasibalari bordir. Qurt-qurimsqa, ola qo‘ng‘uz-qora qo‘ng‘uz, bakovilu yasovullarimizning xissalari bordir. Bittayu bitta bo‘lub yetishkan sho‘x mashrabimizning subhi shom, balki aladdavom duoyi jonini qilub yurgan: — oq sallalik varasatulanbiyolar va aziz avliyolar haq-hurmati, — sho‘x baytalni deb molidan, jonidan kechkan, eng oxirda uyidagi xotunini qo‘yg‘an boylar va boybachchalar hurmati, — to‘ylarda, bazmlarda sho‘x baytalning bir piyola choyiga o‘lib-o‘lib yetishaturgan yigit yalanglar hurmati. — Tiss! deymiz, tuya ko‘rdingmi yo‘q! deymiz. Siyosat maydonlarida Sarlavhani o‘qug‘ach, Puanqaraning lo‘ttisidan, Kerzo‘nning Turkiyaga qilayotqan oliftaligidan eshitamiz, deb ko‘nglingiz aynar. Voqi’an bu to‘g‘rida ko‘nglingiz aynab, hazmi qiyin bo‘lg‘an Yovrupo yirtqichlarining kurakda turmag‘an siyosatlarini «voq» etib qusub yuborishg‘a ham haqlidirsiz. To‘g‘risi ham bu it emganlarning tutqan siyosatlarini har qanday Sharq bolasi osonlik bilan hazm qila olmaydir. Bunday zahar-zaqqum olud siyosatni ilon katleti, chiyon somsasi yeb, Lo‘ndo‘n resto‘ranlarida nash’u namo qilg‘an Kerzo‘n cho‘chqaning nozik me’dasi hazm qilmasa, egasi o‘lgan eshakning go‘shini (Germaniyani) Puanqaraning ko‘ngli tortmasa, bunday palid va najas siyosatlarni ishchi xalqining kasbi halolg‘agina o‘rgangan me’dasi ko‘tara olmaydir. — Yevrupo baloxo‘rlari, o‘z ora «Oling quda-bering quda»larni qachong‘acha mazlum Sharq hisobiga qilar ekanlar? — deb so‘rarsiz, albatta. Bu savolingizdan nechog‘liq sabrsizlik va samimiylik islari dunyoni tutqanidek buning javobi (agar o‘zingiz, basharti ahli saloh sinfidan bo‘lsangiz, ko‘zingiz uzoqni ko‘rub, qulog‘ingiz inqilob qiyqurug‘ini eshitsa) ham yerdan, ham ko‘qdan, ham tog‘dan, ham toshdandir. Qachonki bu muttahamlarning balosi o‘z ichidan chiqadir: qachonki Yevruponing ishchi degan sinfi xurujga keladir; ana shu vaqtda bu Sharq yelkasiga minib olg‘an ro‘dapolarning miya qatig‘i burnidan kelib, joyi jahannamdan belgulanadir. Ammo shunda ham Sharq og‘zing qani deganda burnini ko‘rsatib o‘lturaturg‘an bo‘lsa, qassobdan go‘sh olib baqqol bilan gaplashsa, madaniyat degan lash-lushdan qirq gaz nariga qochishni qo‘ymasa, yaxshisi shuki, o‘zining issig‘ o‘rnini sovutmasun, eshak aravasini tortabersun!.. Luzonchi muttahamlar bilan Turkiya vakillari «bordi-keldi»si masalasiga kelganda, muttahamlarning lo‘ttisi juda ham eshak miya yegan darajadadir. Butun dunyodan o‘ziga ko‘makchi izlagan Turkiya o‘z yonida Rusiyadan boshqasini ko‘rmaydir. Bizning Checherin bo‘lsa Turkiyaga yurak berib: — Shallaqilarning do‘qidan qo‘rqma! —deydir. «Yalang‘och suvdan toymas» deydilar. Turkiya butun dunyoning birinchi yalang‘ochi bo‘lg‘anliqdan olabo‘jilarning har bir «Vahimalik kartinka»sini ko‘rishga hozirdir. Suddagi nutq Men 1926 yilning 10 nchi yanvardan 10 nchi fevraligacha otpuskaga ketib, dam olib yurganimda, bu «Yig‘indi gaplar» nom maqolani yozg‘onman. Otpuskadan qaytqandan so‘ngra, 14—15-chisloda navbatdagi chiqaturg‘on «Mushtum» jurnalining soni uchun materiallar tayyorlag‘onimda, ularning ichida bu maqolani ham qo‘shib mas’ul muharrir Komil Alimovga olub borg‘onman. Mas’ul muharrir Komil Alimov haligi «Yig‘indi gaplar» nom maqolani menim qo‘lumdan olib, o‘zining kabinetida baland ovoz bilan o‘qub berdi. Ul maqolani o‘qub bergan vaqtida, uning kabinetida o‘rtoq G‘ozi Yunus, Sanjar Mirmahmudov va qonto‘rshik (kontorachi — Sh. Q.) Xaluchayev bor edi. Mas’ul muharrir Alimov maqolani o‘qugan vaqtida, ba’zi joylarini xato o‘qug‘oni uchun men tuzatib turdim. Keyin, o‘quv tamom qilg‘ondan so‘ng, «xo‘b, bostiraylik», dedi ham «yaxshi ketdi», deb qo‘shimcha qildi va men bostirg‘onman, chunki Alimov ijozat bermagan holda, tabiiy, maqolaning materiali yirtqilanib tashlansa kerak edi. Maqolani, mas’ul muharrir Alimovga kursatmasdan ilgari, Ziyo Saidiyga ham o‘qub bergan, xuddi boshlag‘onimda hodisaning tepasiga Xurshid ham kirib qoldi. Men o‘qub bergandan so‘ng, «ko‘b yaxshi ketdi» deb maqtab yubordi. Bu anglashilmovchilikdan ilgari rasmiyat ya’ni idoraga kelgan maqolani bostirish yoki bostirmaslik to‘g‘risida muharrir rezolyutsiya solmas edi. O‘shaning uchun bu maqola rezolyutsiyasiz bostirilg‘on. Rasmiyat faqat jurnalning 28-sonidan boshlandi. Bu maqola faqat kulgu tariqasida yozilg‘on, hech bir hukumatga yoki siyosatga tegadigan joyi yo‘q. Maqola bosilub, jurnal tarqalg‘ondan so‘ngra, besh-o‘n kuncha o‘tkandan so‘ngra, Alimov Samarqanddan qaytub keldi va meni o‘zining oldiga chaqirtirib, «nimaga bostirding, men ijozat bermagan edim», dedi. Men «sen ijozat berding, men bostirdim»», deb janjallashdim. Maqolani Alimovning kabinetida o‘qug‘onda, Ziyo Saidiy yo‘q edi ham kirgan emas, shaxsiy adovatga ketub, «bor edim», deb gapiradur. Bu guvohlarning mundoq gapirishi faqat shaxsiy adovatdan iborat, chunki biron vaqt jonlariga tekkan bo‘lsam kerak, ammo qay tariqada ularg‘a gap tegdirganimni ayta olmayman. Guvoh Ziyo Saidiyni og‘zaki tanqid qilar edim. Matbuotda tanqid qilg‘onim yo‘q. Qisqasi, umuman, Ziyo Saidiy va boshqalar manga qarshi bo‘lg‘onlari uchun yolg‘ondan guvohlik beradurlar. «Yig‘indi gaplar» maqolasini ma’nisi, kelgan-ketgan gaplar, degan so‘zdir ham faqat kulgi tariqasida yozilg‘ondir… Manim 27 nchi son «Mushtum» jurnalidagi «Yig‘indi gaplar» sarlavhalik kulgi maqolam ham shu asoslarga solinib yozilg‘on sajiyaviy chin kulgi edi. Mazkur maqoladagi maqsadim, kulgi mezoni bilan xarfat jadidga oling‘onda, quyidagi mazmunlar har kimga, har bir go‘dakka oshkora bo‘ladur: Maqalaning birinchi ustun to‘rtinchi yo‘lidagi «O‘zbekning ishchisi, dehqoni, maorifi, shaltay-baltayi alx uxlaydi» (alx — hammasi barchasi) jumlasi faqat mubolag‘a maqomida qo‘llang‘on bir gapdir. Mundan boshqa ma’nolar chiqarish xayolot yoki vasvasadir. Zero, boshida bir oz muhokamasi bo‘lg‘on har bir kishi O‘zbekistonning Ulug‘ Uktabr inqilobig‘acha bo‘lg‘on holi bilan, Uktabrdan keyingi to‘qqiz yil ichidagi intibohini (uyg‘onish) (ijtimoiyatda, ilm va madaniyatda, xulosa ham bir jabhada) chiqishdirib ko‘rsa, o‘zini tamoman boshqa bir olamda his etadir. Bas mundagi jumla mubolag‘a orqalik ishchi-dehqonni qitiqlash, ya’ni uni yana ham yuqori tomonga qarab sudrash maqsadida keltirilgan: Bu jumla zohiriy tuzulishdan mubolag‘a-kulgi, ichki ma’nodan qitiqlash. Turmushdan misol keltirilganda, masalan: Toshpo‘lat akaning bir o‘g‘li bor; Toshpo‘lat aka o‘g‘lining ishga ixlosini, o‘z ishida muvaffaqiyatini yaxshi biladir. Lekin shundog‘ bo‘lsa ham, o‘g‘lini «sen yalqovsan, odam bo‘lmaysan!», deb kamsitadir. Bu kamsitish, ya’ni po‘pisa, kamsitilg‘uchining chindan ham yalqov va g‘aflatda ekanini ko‘rsatmaydir, balki uning yana ham izlatishga va o‘z nuqsonini qidirib tag‘in ham yuqorilanishga xizmat etadir. Mazkur jumladan keyingi: «Ammo o‘choq boshini xoli topqon olaqarg‘alar bo‘lsa, xo‘bam bilgan noma’qulchiligini qilyapti?» jumlasidirki, mazmuni hammaga ham yashirin emas: Chor va sarmoya hukumatining O‘zbekistonda qolg‘on va qo‘y terisiga burkanib eski xo‘jaliqni dimog‘idan chiqarolmog‘on jonivorlari hamon sho‘ro idoralarida hukm suradirlar. Albatta ular qo‘llaridan kelganicha, ishchi-dehqon iqtisodiga va shu vosita orqaliq uning maorif va madaniyatig‘a zarba berishga tirishadilar. Ham zararlikda shular qatoridan qolishmaydirg‘on, faqat o‘z shaxsiy rohati yo‘lida elni emib, qayg‘usiz, g‘oyasiz, echkining oti Abdukarim bo‘lib, yetmasa ig‘vogarlik bilan kun kechiruvchi o‘zining ba’zi stolparast, tanparast shaxslarimizdan kinoyadir. Mundan keyingi — «Qilaversin, egasiga tovoq-qoshiq kerak bo‘lsa, axir bir kun qatron-patron qilub olarov, og‘ayni! Ishqilub o‘lmasdan bahorga chiqib olsamiz bo‘limti…» Bu yerdagi ega ishchi, dehqondir va chiqiladirg‘on bahor ularning yuksalib chin sotsializmga yetishmaklaridir. Ya’ni ishchi-dehqonlarimiz iqtisodan yuksalib, ma’rifatan yuqorilashsalar, o‘shanday zararliq mustamlakachi va boshqa unsurlardan qutilurlar, qatron qilib ularni yo‘qoturlar, yuvarlar, degan ma’noda. «Erlilashdirish, o‘zbeklashdirish…alx». — Bizda bir xil kishilar bor, ya’ni ziyolinamolar. O‘zlari amalda bir pullik ish qilmaydirlar, ammo og‘izda ko‘cha sasitib, hasratlanub yuribdurlar. Mazkur jumlalar o‘shanday ishsiz, faqat hasratigagina tayang‘on unsurlardan kinoyadir. Masalan: «Erlilashdirishdan hech bir natija chiqmadi, falon ish bilan munday holatga tushdim, hasratingni kimga aytasan», deb yurguvchi oliftalarga hamma vaqt uchrashiladir. Ovsar bo‘lsa ularga «bibigni oldiga hasrat qil, hezlar!», deb zaharxanda qiladir. Yuqorida zikr qiling‘onidek, maqsadlari faqat mansabdan, kayfu-safodan iborat bo‘lg‘on unsurlar bizda hali quritilg‘on emaslar va bunga gazeta betlaridagi xabar va shikoyatlar onli shohiddir va shular qatorida haligidek quruq hasratchilar ham yo‘q emaslar. Ammo bularning qarshisida joni bilan, tani bilan ishchi-dehqon saodatiga qurbon bo‘lib bosh tikkanlar ham ko‘b, jumladan, o‘rtoq Oxunboboyev buning timsoli mujassamidir. Ul har qachon, har yerda kamchilik va nuqsonlarimizdan so‘zlab, buning uchun choralar, tadbirlar izlashga, ham ishchi-dehqon saodati yo‘lidag‘i to‘siq g‘ovlarni olib tashlamoq uchun barchani ko‘makka chaqiradir. Birinchi ustunning 25 nchi yo‘lidan boshlab, ikkinchi ustunning 4 nchi yo‘ligacha bo‘lg‘on o‘rtoq Oxunboboyev to‘g‘risidagi gaplar yolg‘iz uning shu sifatidan kinoyadir. Masalan, faqat ko‘cha sasitib, og‘zaki g‘ishg‘ish qilib yurgan anavi hasratchilar qarshisida o‘rtoq Oxunboboyev aktivniy ravishda majlis va gazetalarda kamchiliklarni chertib otadir. «Hali-ku bu og‘zaki g‘ishg‘isha, ammo kechagi kun gazetada… alx» (5 nchi yo‘l, birinchi ustun), muqaddimasi shuni ifodalaydir. Ikinchi ustun 5—6 nchi yo‘llardagi, — «Shukur qorning to‘q, qayg‘ing yo‘q, bas tinchkina oqsoqollig‘ingni qilaversang bo‘lmaydimi?» jumlasi shaxsiy hazil bo‘lishi barobarida, yuqorida zikr qiling‘on qorni to‘q, boshqa qayg‘usi yo‘q unsurlardan zamzamadir. Ya’ni, aytilmakchikim: Ey Oxunboboyev! Nega sen ham o‘shalardek qorningni silab yotsang bo‘lmaydimi? Ammo bu jumladan anavi tanparastlarga onglatilmoqchi bo‘ling‘on, aytilmak istalingan ma’no bundaydur: Ey Abdulhaqlar va ey tan bandalari, o‘rtoq Oxunboboyevdan nega namuna olmaysizlar, ul sizlarga o‘xshash qornim to‘q, qayg‘im yo‘q, deb tinchkina yotibdirmi? (Mana shu o‘rinda aytilgan ma’noni quyidagi jumlalar, ya’ni kulguning ketishi ham ta’kidlaydur). Ikkinchi ustun 7 nchi yo‘ldan boshlab, 13 nchi yo‘lning oxirigacha bo‘lg‘on «tuzuk, chaqirim-paqirimingga manim ham qarshilig‘im yo‘q…» jumlasi esa o‘rtoq oqsoqolning mazkur ma’ruzasini darhaqiqat iltifot etishga loyiq bir tsifr ekanini, bizning to‘kis maorif madaniyatgag erishmagimiz uchun yana katta fidokorliklar kerakligini ko‘rsatib anglatish uchun keltirilgan. Ikkinchi ustun 17 nchi yo‘ldan boshlab, «Shu zamondagi ba’zi odamlarga ajab hayron qolaman, bir ming bolag‘a bitta maktab bo‘lsa nimayu, o‘n ming bolag‘a bitta to‘g‘ri kelsa nima qayg‘i?» jumlasi bilan, yana yuqorida aytganimcha, o‘rtoq oqsoqolning chindan ishchi-dehqon maorifi va boshqasi uchun g‘amxo‘r va bosh og‘ritganini ko‘rsatmakchi va shu gunohi, ya’ni mazlum xalq maorif-madaniyati yo‘lida o‘z-o‘zini mashaqqatlagani uchun ovsarona uni shiltalamakchidirman. Bundog‘ kinoyalik madh aksar xalq orasida iste’mol qilinadur. Masalan, tirishqoq va jonkuyar bo‘lg‘on ikkin birov o‘zini ovsarlikka solib, «qo‘y, nima kerak senga shuncha tashvishni! Shukr, bir kuning bo‘lsa o‘tib turirdur: Besh kunlik dunyoda sen ham tinchkina yursang-chi?» — deyidirlar. Ikkinchi ustun 20 nchi yo‘ldan boshlab, 3 nchi ustunning beshinchi yo‘ligacha bo‘lg‘on «muddao mirzaboshilarni ko‘paytirib idoralarni yerlilashtirish bo‘lsa… alx» kulgulari yolg‘iz o‘rtoq Oxunboboyevnigina emas, balki boshqa o‘rtoqlar diqqatini ham yerlilashdirish va madaniy maorif ishlariga jalb qilish uchun qo‘llanilg‘ondir. Ma’lumki, bizda ikki xil ziyolilar bor: 1) eski, ya’ni Uktabrgacha bo‘lg‘on ziyolilar; 2) Yangi Sho‘ro ziyoliylari, takrorga hojat yo‘q; Inqilobgacha bo‘lg‘on va Uktabrdan keyingi ziyoliylarni yetishtirgan omillar va sharoit hammaga ma’lum. Shuning uchun, men ularni tahliliga kirishmay mazkur «Mushtum» sonidag‘i ziyoliylar haqida bo‘lg‘on kulguligim ustida gapiraman. Uchinchi ustun 15 nchi yo‘ldan boshlab, to 35 nchi yo‘lg‘acha bo‘lg‘on gaplar mazkur ikki xil ziyoliylarni tekshiruv maqsadida yozilg‘ondir. Masalan, «O‘rtoq Akmal (Ikromov) Cho‘lponboyning… she’ri bilan ziyoliylarning aftiga tufurgani holda, yana nima uchundir, hezlar tavba qilsa, ularga firqaning quchog‘i ochiq! — deb, qo‘yadir. Darhaqiqat, hezlar tavba qilsa, o‘rtoq Akmal bu tavbaga ishonadimi, yo‘qmi ammo unga aytadirgan gapim bor…» Bu jumlalar ziyoliylarni firqa ko‘zida tavba qilg‘on bo‘lib ko‘rinub, riyokorlik qilmasinlar, tavbalari quruq so‘z berishdan iborat bo‘lmasin maqsadida aytilgan. Mundagi harfan kuzatilgan muddao ersa mundog‘: Ey, ziyolilar! Sizlardagi ba’zi birilaringizning yaqin moziydagi kambag‘allar ho‘kumatiga bergan zararlaringiz maydonda, buning uchun mehnatkashlar aftlaringizga tuflasalar haqlidirlar. Mehnatkashlarning quchog‘i bizga ochiq ekan, deb riyo bilan mehnatkashlar ishiga aralasha ko‘rmangiz, chunki mehnatkashning aqli-hushi boshida, yaqin o‘tkan kunlaringiz uning ko‘z o‘ngida. Ey, o‘rtoq, Akmal, agar ulardan birtasi mazkur riyokor munofiqlik holatida ishga aralashadirg‘on bo‘lsa, sen bunga hazir bo‘l, ehtiyot tur! Ammo tavba to‘g‘risida senga aytadurg‘on so‘zim bor: «Men har kuni xudog‘a to‘qqiz martaba osiy bo‘lib, o‘n sakkiz martaba tavba va istig‘for aytaman». Ya’ni bu gapdan murod, ularning tavbalari bizdagi oddiy ma’noda yurgan tavbadan bo‘lmasin. Bu kungi firqa oldida qilinadurg‘on tavba tamoman yangi, chin ma’nodagi tavba bo‘lsin, har kuni to‘qquz martaba istig‘for aytib, o‘n sakkiz martaba qaytadurg‘on tavbadan mehnatkashlarga foyda yo‘q. «Tavbaga bo‘yin bukkan banda bandalarning eng yaramasidur, qulluq bunyod qilg‘on rasvo, rasvolarning yana ashaddiy rasvosidir». Bu jumla bilan, o‘sha oddiy ma’noda bo‘lg‘on tavbani inkor qilinadir, ya’ni tavba qulliqdir, bo‘yin egish bandalikdir, banda esa haqiqatga tushunib emas, kuchlanib, ojizlanib bo‘yin bukadir. Bas, bu holdagi tavba-tavba emas, balki shaxsiy ixtiyorni, muhokamani qo‘ldan berib odamgarchilikdan chiqishdir. Bu dunyoda tavba, qulluq qilish bo‘lmasin, chunki bu rasvolik, ammo haqiqat oldida bo‘yin egish bo‘lsin. Uzing bir haqiqatga qonmay turib va o‘zingning xatoyingga tushunmay turib, faqat ojizdan qiling‘on tavba—tavba emas, ham o‘zgani aldashdir, rasvolikdir. «O‘z butunlig‘ini saqlay olmag‘on boshqaga yeng bo‘lolmaydir». Bu jumla yuqorida aytilgan ixtiyoriy shaxsni takrorlaydir. Ya’ni, shaxsiy butunlik, mustaliq shaxsiyat qulliq bilan ziddir. Shaxsiy ustunlig‘i bo‘lmag‘on, ya’ni o‘zida haqiqatni ixtiyor qila bilish kuchi topolmog‘on ojiz, ixtiyorsiz odamlar jamiyat uchun foydalik va chin a’zo bo‘lolmaslar. Chunki, aksar munofiqlik va maydalik ixtiyorsiz ham o‘ziga ishonchsiz va imonsiz kishilardagina gavdalanishi ilmiy ravishda isbot qiling‘ondir. Meni ma’yublar kursisiga o‘tqizg‘on «Yig‘indi gaplar» maqolasining asli kuzatkani va yozg‘uvchisining maqsadi yuqorida mazkur sharhlardan iboratdir. Bundan boshqa ma’nolar chiqarib turlik ehtimollarga borib qaytish o‘rinsizdir. Agar ba’zi o‘rtoqlar shunday mulohazalarga ketkan ekanlar, bu esa kulgulikning, ayniqsa adabiy kulgulikning bizda hali yoshlig‘idan va o‘zlashib ketmaganligidan keladir. Shuni ham aytib o‘tishni, yodlaringizga solishni lozim topamanki, kulgi maqoladagi mustaor imzo maqolaning harakatiii aksar vaqt o‘z tarafiga burib yuritadilar ya’ni muzika yozg‘uvchining mustaor shaxsiga loyiq gaplar, jumla va ta’birlar orqasidan ergashadur, maqolaning imzosi «Ovsar» qo‘yilgan, demak undagi ko‘b ta’bir ifodalar ovsarona, daliyonadir. Tentakni tentak tinglaydir deganlaridek, kulgulikdagina emas, umuman sajiyaviy adabiyotga yaqin turg‘on kishilar bu maqolani shu nuqtadan qarab tekshirsalar yana ham haqiqat ochiladur. Masalan, manim kulgulikda ishlataturgan necha turlik mustaor imzo ya’ni qahramonlarim bor: Kalvak Maxzum, Toshpo‘lat, Ovsar, Dumbul, Shilg‘ay va boshqalar. Agar siz shu imzolar bilan yozilgan kulguliklarni tekshirib chiqsangiz, munda asli yozg‘uvchining shaxsini tamoman ko‘rolmaysiz, faqat so‘zni imzo egasining o‘z og‘zidang‘ina eshitasiz. Kalvak Maxzumni o‘qing: Ko‘bdan haqiqiy hayot bilan aloqasi uzilgan, madrasa xurofoti ilan miyasi g‘ovlag‘on xolis bir mahalla imomini ko‘rasiz. Toshpo‘latni o‘qing: Ishsiz, biri bit, biti sirka bo‘lmag‘on va shu faqirlik orqasida o‘g‘rilik va fahshiyat dengizida suzib tajanglangan xolis bir chapanini ko‘rasiz. Ovsar va Dumbullarni o‘qing va tekshiring, hokazo. Odil sidlardan so‘raymankim, men ayblangan maqolani, manim ustimda turlik shubhalar tug‘dirg‘on kulgulukni shu yuqorida sanalg‘on mezonlarga solib tekshirilsa va hukum berilsa ekan. Kulgulikda ular aytkandek yomon niyat bilan yashirilg‘on hech bir ma’no yo‘q. Harna yozilg‘oni bir «Ovsar» tilidan faqat ishchi-dehqon manfaati kuzatilib aytilgan, hukumat kishilariga bo‘lg‘on gaplar o‘rtoqlik hazili, shaxsiy mazoxor, mundan boshqa gaplar, ma’nolar bo‘lsa yuqorida bir daraja ta’dod (sanamoq —Sh. Q.) qilub o‘tdim. Shohidlardan oliy Sudga men qoralang‘uvchi — qora kursida o‘ltirg‘uvchining faqat shaxsiy adovat orqasida bu holda tushunganim yaxshi anglashildi, deb bilaman. Mundog‘ bo‘lsa ham, yana bir daraja shohidlarning o‘z so‘zlaridan yasab, adolatlik sudlarning xotirlariga tushurib o‘taman: 1. Guvohlardan o‘rtoq Levchenkoning so‘ziga qarag‘onda, O‘rta bsiyoda siyosiy jihatdan yuqori o‘rinni ushlagan «GPU» 27 nchi sonning dunyoga chiqarilishiga ruxsat bergan. Ya’ni «GPU» ning ruxsat berishidan shu ma’no anglishiladirkim, manim mazkur sondag‘i «Yig‘indi gaplar» maqolam sudlarga ilmiy va adabiy yo‘lda sharhlab berganimdek, zararsiz, nafsoniyatlar aytgan ma’noda emasdir. Ham shundoq bo‘lishi tabiiy. Yo‘qsa, har bir nuqtani erinmay tekshirish bilan mashhur bo‘lgan siyosiy idora 27 nchi son «Mushtum» ning dunyoga chiqarilishiga yo‘l qo‘ymas va ruxsat bermas edi. Ammo bir necha shaxslar bu maqolani o‘zlarining, bilmadim, qandog‘dur tarozulariga solib, zararlik topishlari ersa, g‘arazgo‘ylik, tirnoq ostidan kir izlashdan boshqa narsa emasdir. 2. Xurshid Sharaf, ma’lumki, olg‘on ta’limoti bo‘yicha meni qoralamoqchi bo‘ladi. Lekin, o‘rislarning «bigizni qopda… alx!,» degan maqollaridek, uning menim ustimda bo‘lg‘on tuhmatlari, bo‘htonlari o‘zining bergan javoblari orasida «manaman» deb qopning qornini yorub chiqib turadi. Xurshidi tobon deganimiz o‘zini jinnilikka — tentaklikka solib qaradi. Ammo adolatlik sudlarning to‘g‘ri tekshirishlari haqiqatni ocha borub, yolg‘on shohidni obdon dovdiratdi, alvon rangga kirgizdi. Men uning dovdir shahodatining hamma nuqtalari ustida to‘xtamayman. Chunki, ular mufassal ravishda, sudning zabtnomasiga kiritilgandir. Ammo shunigina aytib qo‘yamanki, Xurshid deydir: «Mirmuhsin — men «Bon-bon» degan manzumasini «bosilmas…» degan edim», deb aytdi». Bu gap bilan Xurshid, o‘rtoq Mirmuhsinning bir vakolatini sodiqona ado etmoqchi edi. Biroq taassufki, muvaffaqiyatlik chiqmadi. Xurshid o‘zining boshqa shahodatlari kabi «Mirmuhsin bosilmasin deb rezolyutsiya qo‘yg‘ondi men asrab turg‘on edim», — desa ixtimolki, manim ustimga og‘ir yukni qo‘yub, egasiga sodiq qolg‘on bo‘lar edi. 3. Ziyo Saidning haqiqatqa teskari, shahodati to‘g‘risini uning Kommunistik vijdoniga havola qilaman. Ammo bir necha nuqtalari ustida to‘xtab olishga majburman: «Muharrirning xonasiga kirub, Komil bilan Julqunboyning janjallari ustidan chiqdim», deydir. «Orada Sanjar bilan G‘ozi Yunus ham bor edi», deydir. «Undan so‘ng matbaaga tushib, arxivni axtarib yursam, «Bon-bon» manzumasi chiqdi, qarasam «Bosilmasin. M.» deb imzo qo‘yilg‘on ekan, lekin o‘zim Xurshidning «Bahri qadam» maqolasini olish uchun borgan edim», deydir. «Shundan keyin «Bon-bon»ni papkamga solub, idoraga olib bordim, undan so‘ng tergovga topshirdik», deydur. Ziyo Saidning bu so‘zi nimani anglatadir? Uning bu so‘zidan aniq shu kelib chiqadikim, ul «Bahri qadam» maqolasini olish uchun bormag‘on, balki menga 114-statyani berdirish niyati bilan borg‘on. Chunki, qonunan lozim ediki, arxivni qarag‘anda, yoniga xolis kishilarni chaqirub tekshirish va akt qilish. Mana bu tomondan ham manim ustimga ishlangan soxtagarlik o‘z og‘zi bilan aytub turadur. Yanada Ziyo Saidning kecha bergan javobi ichidagi — «Mushtum»da bosilishi muvofiq ko‘rilganligi rezolyutsiya qo‘yilmag‘on maqolalar ham bo‘lar edi, — degan so‘zi ham odil sudlar uchun shoyoni diqqatdir. 4. Endi obllitning sarkotibi o‘rtoq Milkov ustida to‘xtayman. Men to‘g‘rilik orqasida, bosh ketsa «ix» deydirgan yigit emasman. Muqaddimadagi so‘zimda aytdim: Men o‘sha kun matbaaga tushganimda, yolg‘iz «Yig‘indi gaplar»dagina emas, balki boshqa materiallarda ham obllitning shtampasi yo‘q edi. Endi bugun hayron qolaman, bundagi shtamplar qayoqdan keldi, yoki bunda ham manim ustimga bir yuk ortmoqchi edilarmi? O‘rtoqning dabba javobidan ma’lum bo‘ladirkim, bu orada har bir nayrang qurmoqchi bo‘lg‘onga, ishni chalkashtirub menim boshimni qotirib, dovdiratmoqchiga o‘xshaydirlar. Darhaqiqat, gap shunday bo‘lmasa, obllit degan mas’ul bir o‘rinda o‘ltiruvchi o‘g‘il bolaning javobini qarang emish firqa o‘rgani bo‘lg‘oni uchun «Mushtum»ning materiallari tekshirilmasdan, ustiga shtamp bosilib berilar ekan. Bu holda, jurnalning obllitning ruxsatisiz chiqara berishi lozim bo‘lmasmidi? Har bir sahifa materialga shtamp bosishning nima hojati va kartochka yozishning qanday zarurati bor edi? Bu masala juda muammo. Tuzuk, obllitning ruxsati, ya’ni shtampasi bo‘lishi manim uchun zararlik emas, lekin o‘zim matbaada materialni ko‘rgan chog‘imda shtampa yo‘q edi… Qisqacha tarjimai holimni bayon etib, so‘zimning oxirida shuni aytmoqchiman: Maqolani zararsiz va jurnalga muvofiq topib bosishga ruxsat berguvchi Komilning o‘zi edi. Bu kun o‘z lavzidan qaytib, vijdoni oldida qip-qizil ajiva bo‘lg‘uvchi, meni qoralag‘uvchi va ustimga boshqa bo‘htonlarni taqig‘uvchi ham uning o‘zi bo‘ldi. Uch oylardan beri, matbuot sahifalarida o‘rinsiz va boshqa, faqat menga qaratilis bo‘lg‘on haqsiz hujumlar, anglashmovchiliklar, bemaza isnodlar va jimjimalik zamzamalarning bosh omili ham shubhasiz Komil va sheriklari edi. Xulosa, adovat mamlakat rangida bo‘yaldi. So‘zimning oxirida, o‘zimning asli g‘oya va maslagim bilan ham hozirimni qisqacha tanishtirib qo‘yayin: Men Sharq ozodlig‘ini va uning mazlum proletariat saodatini faqat — Leninizm orqasida vujudga chiqishig‘a ishongan bir kishiman. Bu gapni sizning beradurgan jazoingizdan qo‘rqib emas, balki vijdonim, imonim tazyiqi ostida so‘zlayman. Lekin bu ozodlikdag‘i chin kurashuvchilar — lavzsiz qo‘rqoqlar, shaxsiy adovat orqasidan baxt qutquchi mayda kishilar bo‘lolmaslar; ammo o‘rtoq Leninning sog‘lom, ulug‘, g‘azamatsiz, g‘idirsiz yo‘lig‘a tomon xolis niyatda bel bog‘lag‘uvchi qahramonlargina bo‘lurlar. Manim haqimda kim nima desa desin, lekin men Marks va Leninning haroratlik shogirdiman, chunki, men Lenindan ruh olib, Marksdan ilhomlandim. So‘zim oxirida odil sudlardan so‘rayman: Garchi men turlik bo‘hton, shaxsiyat va soxtalar bilan, ham anglashilmovchiliklar orqasida, ikkinchi oqlanmaydurg‘on bo‘lib qoralandim. Loaqal ularning, qoralovchi qora ko‘zlarning ko‘ngli uchun bo‘lsa ham, menga eng oliy bo‘lg‘on jazoni bera ko‘ringiz. Ko‘nglida shamsi g‘uboroti, teskarichilik maqsadi bo‘lmog‘on sodda, go‘l, vijdonlik yigitga bu qadar xo‘rlikdan o‘lim tansiqroqdir. Bir necha shaxslarning orzusicha, ma’naviy o‘lim bilan o‘ldirildim. Endi jismoniy o‘lim menga qo‘rqinch emasdir. Odil sudlardan men shuni kutaman va shuni so‘rayman. Taraqqiy Batqaldoq xo‘ja: — Hoy eshon, biz ham endi ancha taraqqiy qilibmiz-a?! Lo‘kidon xo‘ja: — Qayoqdan bildingiz? — Xotunlarimiz nos o‘rnig‘a popiro‘s cheka boshlabdurlar. — Qayoqda ko‘rdingiz? — Qayoqda ko‘rar edim, sentralniy mo‘nchada ko‘rdim… Tarbuz qo‘ltuqdan tushdi Genuya konferensiyasidan oldin Eyy… gapdan xabaringiz bormi hali, hoji pochcha, «Karbalo»mi, «Kirbalo»mi degan mamlakatda «kampirimse» bo‘larmish. O‘zimizning bolshevoy haligi kampirimsegacha qirilg‘an bo‘lur emish. Katta qironlar kampirimseda bolshevoy vakillariga: «Kel endi qo‘y, bechora boylaringning, mulkdorlaringning yerlarini o‘zlariga qaytarib ber!», der emishlar. Katta qironlarning so‘zini qaytarishqa bizning bolshevoyda hech had bo‘lmas emish. Xudo: «Ol qulum» deb yuborsa, sizning yeringiz ilgarigidek botmon-botmonu bizning qo‘ra bilan zavo‘dning oyliq kelimi milyard-milyard-da! — Ha, ha, Mulla Xodiboybachcha, hali gap shunday deng-chi; siz bilan menim molimiz zakotlikda, na o‘tda kuysun va na suvda oqsun! Hali Farangistonda «Kampirim chor» bo‘ladir deng-chi? — Shunday, Hoji pochcha, agar ish o‘nglanib ketsa, «kapirimse»gina emas, siz bilan bizning kampirimiz shash, Hoji pochcha, duoda bo‘ling — duoda! Kanferensiyaning borishini ko‘rub: — Keling-keling mulla Xodi, ish eblanayozdimi, «kampirimsiy»dan nima xabarlar bor? — Ey-y, bolshevoyning uyi kuysun, Hoji pochcha, xudda tosh-metin padar la’nati!.. Qironlar shuncha afsungarlik qilsalar ham bolshevoyning Chechanboyi ko‘naturg‘an bolag‘a o‘xshamaydir. Chechanboy «Mulk qaytarib berish qayoqda, mulk bo‘lsa tag‘in ham olaman!» deydir, noinsof! Bolshevoying juda ham qaytg‘ani ekan, xudo bexabar! — O‘bba xudo bexabar Chechanboya? — X-a-a-a, Hoji pochcha, judayam pes ekan. — Mulla Burtul nima deydi? — Ey-y, Hoji pochcha, mulla Burtulboyning so‘zi siz bilan bizning qoidamiz edi-ya, lekin bo‘lmayturg‘ang‘a o‘xshaydir. Mulla Burtul siz va biz uchun chirana-chirana o‘layozibdir!.. — O‘b bechora mulla Burtul, chulchutning qo‘lig‘a kirgan narsa qaytub chiqmas demaymi edim?.. Endi yerimiz badar ketdi deng-chi, uyi kuysun bolshevoyning, yer yutsun bolshevoyni! — Qo‘ldan chiqdi — ketdi, Hoyasi pochcha, manim qo‘ram bilan zavo‘dimning o‘zi ham eskirib qolg‘an edi. — Siz uni aytasiz mulla Xodi, yerimning o‘rtasidan o‘pqon chiqg‘anidan xabaringiz yo‘qmi, hali?.. Tarjimai holim I Padari marhumimiz Shosh shahrining zabardast ulamolaridan mulla Mirzasalimsoq Oxund domlai hojiul-haramayn ash-sharifayndirlar. Marhum padari buzrukvor allomai zamon va mashhuri jahon bo‘lub, ul janobning halqai tadrislaridan behisob ulamo va fuzalolar yetishub, ba’zilari qoziliq mansabiga va ba’zilari mudarrislik martabasiga va ko‘blari imomat va maktabdorliq vazifasiga ham eng adnolari azayimxonliq kasbiga musharraf bo‘lubdirlar. Alhol bo‘lsa, ul janobning shogirdlarining ko‘blari piri badavlat bo‘lub, uyga kirib qolg‘andirlar. Marhum buzrukvor Buxorodan xatmi kutub qilub kelganlaridan so‘ng Qambar yasovulboshi degan bir amaldor o‘zining Mahinabonu otlig‘ xushro‘y qizini to‘yu tamosholar bilan padarga nazr tortibdir. Bag‘dazon ul pokdomon birlan nechand fursat umrguzaronliq qilsalar ham, ammo farzandlari bo‘lmabdur. Padar bul boisdin benihoyat ma’luli xotir bo‘lub, doyim zori va tazarru’ aylab, Xudoyi taolodan bir farzandi solih talab qilur erkanlar. Shul ahvolda necha fursatlar o‘tub va yana buzrukvor ko‘b mozorotlarni tunab va yana jonliqlar so‘yib, nihoyat xomtalash aylar ekanlar, padar qirq besh yoshg‘a borg‘anlarida Xudoyi taoloning rahmi kelib, faqir volidai marhumaning rahmlarida qaror topibdirman. Alo xozal-qiyos to‘qquz oy, to‘qquz kun va to‘qquz soat o‘tub, ro‘zi dushanba yarim kecha vaqti oyning o‘n to‘rtinchi kuni mohitobonning ayni to‘lishkan zamonida yorug‘ dunyog‘a barq urub, qadam ranjida qilinubdirman. Do‘stlar shod, dushmanlar g‘amkin bo‘lub, padari buzrukvor darhol hazrat Bahovaddin yo‘llarig‘a yetti non xudoyi qilubdirlar. Doya bo‘lmish xotun faqirni yerdan olub, yo‘rgaklamakchi bo‘lg‘anida kamina chirqirab, girya og‘oz qilub, aslo yig‘idan to‘xtamag‘animdan, padar sezibdirlarki, farzandlari bechiz emasdir. Chunki ul doya bo‘lmish dallai makkora va nopok bir xotun bo‘lub, faqir bul nopokni yoqtirmabdirman. Bag‘dazon ul janob faqirni o‘z qo‘llarig‘a olg‘an erkanlar, darhol giryadan to‘xtab, padarga tabassum qilubdirman… Bag‘dazon faqirning tarbiyatiga ko‘pgush aylab, yetti kechamni eson-omon o‘tkuzub, sakkizinchi kuni beshikka solubdirlar. Ammo o‘n birinchi kechamda bir oz chalig‘lab o‘tubdirkim, alhol bul ma’nining asorati kaminada boqiydir, ya’ni takallum qilg‘animda «qih-qih» qilub va yana «mosh» deyish o‘rniga «bosh» deb, «mim»ni ayta olmaydirman. Bamisoli hazrati Muso alayhissalomning «sin» o‘rniga «shin» etkanlaridek va yana faqir volidai marhumaga osoyish bermay, doim-ul avqot fig‘on va zori qilur erkanman. Bul boisdin sababi vujudlar benihoyat parishonxotir bo‘lub, hukamo va keksalardan chora so‘rag‘anlarida faqirg‘a ko‘knori bermakka kengash beribdirlar. Bag‘dazon birmuncha ko‘knoridan halvo pishirib, kaminaga iste’mol qildirg‘anlarida faqir qum bosqandek farog‘at qilub, zori va fig‘ondan to‘xtabdirman. Ammo o‘pkam amirkon mahsidek g‘ijirlayturg‘an bo‘lubdir. Faqir shu yo‘sun ikki yil komil beshikda sirilib yota-yota «Atta jiy, anna oppoq», deyturgan takallumga tilim go‘yo bo‘lg‘ani holda boshqalardek beshikdan qutulib, erkka chiqibdurman. Ammo nazir boshim kesak qisqan qovundak qiyshiq bo‘lub va yana jovdirlag‘an ko‘zim qassobdan et olub, boqqol birlan muomala qilaturg‘an darajaga yetubdir. Erkka chiqg‘an kunimdan boshlab emchakdan chiqub, non kavshashni ta’lim olubdirman. Fursati kelganda volidai marhuma: «Bolamning chayniy-chayniy jag‘i uzuldi», deb holimga tarahhum aylab, lo‘mba-lo‘mba non chaynab, og‘zimga solur va faqir ham g‘ilqqa-g‘ilqqa yutar erkanman. Ul zamonda padari buzrukvorning davlatlari ko‘lankasida non vajhidan bearmon bo‘lub va yana ertadan-kechgacha non birlan hamnishin erkanman. Ammo faqirning qorni kundan-kunga g‘ovlag‘an tarbuzdek o‘sib, bul ma’nidan padar birlan volida «Bolamiz qorin sola boshladi», deb benihoyat xushnud bo‘lar erkanlar. Alqissa, faqirni tomoq bosqanlig‘idanmi, haytovur, besh yoshg‘acha oyoqim chiqmabdir. Bul boisdin volidayin muhtaramayin parishon va dilgir bo‘lub, chorasiga kirishib, faqirga g‘altakarava muhayyo qilubdirlar. Ammo faqir g‘altakka tutung‘anim zamon gurs etib ortim bilan yerga yiqilur va g‘altakarava ham faqirga tabi’atsozlik qilg‘andek ikkinchi tomong‘a ag‘nar erkan. Bundan so‘ng kaminani bir savatga solub yetti eshikka olub kirib, «Oyoqsizg‘a oyoq bormi?» deb so‘rabdirlar, «Oyoq bor!» deganlari bilan ham maqsad hosil bo‘lmay, qimirlamasdan farog‘atda o‘ltura beribdirman. II Olti yoshqa kirganimda (bunisi esimda bor) o‘ltura-o‘ltura o‘zim ham zerikkan bo‘lsam kerak: nihoyatda ehtiyot birlan devorlarni ushlab, andak-andak sayr va sayohat qilishqa boshladim. Bul ma’nidin volidayin muhtaramayin bisyor xushnud bo‘lub, darhol bir echkuyi bod raftorni bo‘g‘uzlab va uning qonidan bir sopol taboqqa solub, faqirning oyoqimg‘a surdilar. Bag‘dazon mazkur echkuning barcha so‘ngak-sayog‘ini bir qozong‘a solub, faqirning «Oyoq to‘yim» uchun hamma qarindosh-urug‘larimizni chaqiribdirlar. Qudrati ilohiy birlan o‘shal kun ittifoqo oyoqimg‘a g‘oyibdan bir quvvati kirib, hatto o‘choq boshig‘acha sayohat qilub va yana qozonda pishib turgan etka ko‘nglum ketubdir. Volidai marhuma darhol bir ustixoniki sergo‘shtni olub, faqirning qo‘lumg‘a tutqazg‘anlarida o‘shal o‘choq boshidayoq, joyimdan siljimay pok-pokiza tanovul qilubdirman. Va yana ishtahom ayni junbushqa kirgan ekan, yana qozondag‘i bir ustuxonni ko‘rsatib, olub berishka ishorat aylabdirman. Xudo volidani rahmat qilsunki, faqirga benihoyat mehribon erdilar. Dar on ra’yimni qaytarmay uni ham qo‘limg‘a tutqazg‘anlarida ishtahoyi tamom birlan buni ham tanovul aylab va yana quruq suyakini qaytadan qozong‘a tashlabdirman. Ammo bul vaqt o‘z oyoqim birlan qaytub ketishga qudratim yetmay, to‘yg‘a kelgan bir zaifaning muovanati birlan bazo‘r manzilga yetub olubdirman. Ammo oyoq to‘yimg‘a yig‘ilg‘an xotunlar faqirning ko‘nglumni olmoq uchun qo‘yunlarida, cho‘nchaklarida nok, qurt, turshak va shularga o‘xshash anvo’i turluk ne’matlardan keltirgan erkanlar: etagimni, qo‘limni va to‘ppimni mazkur nozu ne’matlar birlan to‘ldirg‘anlarida borig‘a bozor qilub va yana nihoyat sarosimalik birlan shoshub-pishub borchasidan andak xo‘rak qilubdurman. Bag‘dazon mehmonlarga ayni sho‘rba tortilg‘an fursatda faqirg‘a sassig‘ me’dalik yuz berib va yana yuragimda bir bodi paydo bo‘lub va yana quldir-quldir degan ovozlar eshitilub, bul hodisa bora-bora ko‘ngulni behuzur qilishg‘acha yetub va yana ko‘zlarim olayib behud bo‘lub qolubdirman. Bul zamon to‘yimiz azag‘a aylanib, sho‘rba-sho‘rbada, et-etda qolub, kim kinnachiga, kim domlama yugurub, ammo faqirning ham og‘zimdan, ham ortimdan xilt va safrolar keta boshlab, bosh yostiqqa yetub, o‘zim bemorlik darajasiga boribdirman. Bul hodisani har kim har narsaga yo‘yib, birav kinna kirdi, desa, birav hasan urdi, deb va yana uchinchisi narsa tegdi, deganda, tamin birisi ko‘zikdi, deb. Ammo o‘sha to‘rt ehtimollarning barchasining choralari ko‘rilganda, ya’ni kinna soldirilib, chillayosin qildirilib, ko‘ztumor taqdirilg‘anda ham, bir foydasi ko‘rilmay, faqir shu kasalim bilan olti oy chamasi ko‘b qattiq riyozat chekib yotib qoldim. Bul kasalim asnosida cho‘b-ustixon bo‘lub, ozib, samovorning ichidan ko‘rinaturgan ajiva aksdek bo‘lub, kishilar hazar qilaturg‘an darajalarga yetub, me’dam xazimadan qolub, taom botmay, ammo endilikda volidayin muhtaramayin faqirni yurmasdanoq tinchkina yeguligimni yeb o‘lturishimgagina rozi bo‘lg‘an edilar. Ammo bul kasali xavfnokdan andakkina sog‘lana boshlag‘animdan so‘ng tabi’atim nihoyatda noziklashib, unday-bunday gaplar qulog‘imga yoqmay, egri degan ham, to‘g‘ri degan ham gunohkor bo‘lub, ammo bul fe’lim padarga nihoyat xush kelib, faqirni «Injiq maxzum» deb xitob qilur erdilar. Va lekin volida bul ma’nidin rozi bo‘lmay, faqirga jinlardan xabar berib, goho ajinalar hikoyasidan so‘zlab xarxasha qila boshlag‘an zamonimda «Ana keldi!» bilan tovshimni o‘churar edilar. Ammo kamina jinlardan bisyor ko‘rqar erdim, qorayib turg‘an devor va yog‘och kavaklarining ichiga ham shu jinlar vahmasi bilan boqolmas erdim. Bir kun emaklab borib, kiyizning tegidan nimadir olmoqchi bo‘lg‘an erdim, «lop» etub bir ajina chiqub qolmasunmi, o‘takam yorilub, big‘illab yiqildim. Bir vaqt yuzimga sepilgan sovuq suv bilan o‘zimga kelib ko‘zimni ochsam, ajina hamon menga qarab turubdir. Darhol o‘zimni volidaning bag‘irlarig‘a olub qoldim. — Ha, nima bo‘ldi? Faqir ajinaga ishorat qilg‘an erdim, volida qahqaha birlan kulib, ajinani qo‘llarig‘a oldilar. Faqir diqqat bilan qarag‘an erdim, volidaning taroqdan chiqg‘an sochlari erkan. Ammo faqirning alhol yoshim ellikdan oshqan bo‘lsa ham ajinalardan bisyor qo‘rqadirman. Bul boisdin kechalari yolg‘iz yurolmay va yana bir o‘zim ham yotolmaydirman. Va lekin har kimga ham insu jindan hazar qilmoq lozim va lobuddir. Alqissa, kaminaga birmuncha quvvat kirib, ohista-ohista hojatimga borib kelaturgan bo‘ldim: bora-bora yo‘laklarga chiqub kasb-havo qilar darajaga yetdim, gohi ostonada o‘lturib, ko‘chadagi bolalarning o‘yunlariga tamosho ham qilur erdim. Ammo bolalar orasida birar turluk janjal va to‘polon chiqsa, orada mushlash boshlansa faqir chirqirab yig‘lag‘animcha uyga qarab chopar erdim. Garchi bolalar o‘zaro o‘ynab, o‘zaro yoqalashsalar-da, bunda faqirning foyda va yo zararim bo‘lmasa-da, ammo kamina bisyor sulhparvar va janjallarg‘a tobim yo‘qlig‘idan bul ishni qilur erdim, deb o‘ylayman. Faqirning yoshim sakkizga kirib, andakkina qaddimni rostlab olg‘an erdim, sababi vujudlar ham «Bolamiz o‘sib-undi» deb quvong‘an erdilar. Bul orada falokat bosib, faqirg‘a isitma arz bo‘lub, bir necha kun g‘ingshib yotqanimdan so‘ng har birisi turshakdek-turshakdek bo‘lub chechak toshub ketmasunmi… Kamina behud bo‘lub o‘zimdan ketibdirman, volidayin muhtaramayin ham «Bolamizning tag‘i qanday ko‘rgulugi bor ekan!» deb, ho‘ngur-ho‘ngur yig‘lashibdirlar. Kundan-kunga holim og‘irlashur erkan. Ul janoblar faqirdan umidlarini uzib, qo‘llarini yuvib, qo‘ltiqlarig‘a urib, xaltai kafanlarimgacha hozirlab, har bir ishka muhayyo bo‘lub turubdirlar. Ammo o‘n birinchi kun, Xudoyi taoloning qudrati birlan faqirg‘a atsa kelib, ko‘zimni ochibdirman. Ruhsiz tanalarga jon kirib, suyunch-quvonch boshlanibdir. Darhol yetti qadoq bug‘doydan qo‘g‘urmoch qo‘g‘urub, ajib bir xursandliklar qilubdirlar. Ba tadrij-ba tadrij faqirning gullarim to‘kulub, o‘n yettinchi kunda salimul-a’zo bo‘lub, turub o‘lturaturg‘an bo‘ldim. Lekin bul chechak degan nimarsaning ajab bir husn buzaturg‘an xossasi bo‘lur erkan. Agarda o‘zingizga ham chechak chiqg‘an bo‘lsa, sezarsiz: misoli yuzingiz g‘alvirak bodom… Ammo faqirning yuzimda ba’zi chandiqlar ham zuhurga kelgani uchun go‘yoki husni Yusuf bizda xotima topdi… Agar siz bir hovuch tariqni yuzimizga qaratib sepsangiz-da, bir dona yerga tushsa biz minavat… III Vaqtiki, faqir ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan anvo’i turluk amrozlar birlan to‘qquz-o‘n yoshlarg‘a yetdim va andak o‘zimni bul bevafo dunyoning isitma va bezgaklaridan, sassiq kekirdak va yurak burug‘laridan forig‘bol va xoli ko‘rdim. Bag‘dazon Xudoyi taolog‘a shukurlar aytib, doimo volidaning oldilarida kamari xizmatni berk bog‘lab, dasti alif lom turar erdim. Padarning muhabbatlari kaminaga bisyor erdi. Faqirning odob va zakovatimdan nihoyatda xushnud va har zamon muborak qo‘llari bilan orqamg‘a urib navozish bisyor qilur erdilar. Va yana goho ul janob ro‘yimollari birlan og‘zimg‘a oqub tushayozg‘an burnimning obiyatini pokiza aylab va bul ma’niga birmuncha pand va nasihat ham qilur erdilar. Shul ahvolda volidai mehribonimizning bag‘rilarida qog‘ozda asralgan qantdek parvarish topar erdim. Kunlardan bir kun, faqir volidai marhuma birlan «choriy chambar» o‘ynab o‘lturg‘an erdim, padar bul ma’nidan ranjiyda xotir bo‘lub mehribonchiliq qildilarkim: «Maxdumning bo‘yi cho‘zulib qoldi, emdi andak-andak sabaq boshlasunlar», deb. Bag‘dazon faqir volidadin sabaq olub, benihoyat fayziyob bo‘la boshladim. Bul miyonada padari buzrukvor faqirning qo‘limni halollamoqqa harakat aylab va yana qo‘llarida dunyo vajhi kaminaning kori xayrimga kofiy bo‘lmag‘ani uchun bog‘imizdan qirq besh tup daraxt sotub va yana bu mablag‘ ham ozliq qilub, boz bog‘imizdan bir andak yer ham furo‘xt aylab, bag‘dazon kori xayrni boshladilar. Faqirning to‘yimg‘a jami’i olamdin ulamo va fuzalolar, davlatmand va zukkolar chaqirilg‘an erdilar. Bir necha kungacha yurtdagi jami’i xotunlarg‘a bir put zig‘ir moyidan osh berilib, alarni jami’i taom vajhidin serob va mamnun qilindi. Bag‘dazon to‘rt dona g‘unon qo‘yni zabih aylab va yana botmon birinch va shul miqdor sabzi birlan uch qozon osh damlab, jami’i qurtu qurmisqalarg‘a tabaq-tabaq osh berila boshlandi. Ko‘cha boshidan tortib to manzilimizgacha shaharning kazo-kazolari saf bog‘lab, aso ushlab kelgan-ketkanni kuzatib turar erdilar. To‘y bisyor shukuhlik erdi. Osh ham faqirdek behad shirin bo‘lg‘an va moyi ham shilqillama erdi. (Ammo bul zamondagi to‘y qilayotqanlar ushbu to‘yimizdin ibrat olsalar ko‘b yaxshi bo‘lur erdi.) Kamina kimxob va duxoba sarupolarg‘a o‘ralub yasang‘an erdim, boshimg‘a ajab bir nafis salla o‘rag‘an erdim, har kim kaminaga tamosho qilur erdi. Alqissa, to‘y asnosida ba’zi bir bexiradlar faqirg‘a dag‘al muomala birlan hazil-mutoyaba qilur erdilar va yana aytar erdilarkim: «Maxdumga bir aroba qayroq buyurildi. Bolta birlan kesamizmi, arra birlan…» Agarchandiki bul gaplarga bovar qilmas erdim va illo ko‘nglimga ko‘b xavotir o‘rnashqan erdi va yana asnoyi zabih, ya’ni xatna zamonida atrofimga yig‘ilg‘an go‘daklarning basharti tig‘ning zahriga chidolmay girya og‘oz qilsam, qahqaha qilishlaridan behad xavotirda erdim. Bag‘dazon osh xitomig‘a yetub, faqirni chekka o‘ringa olub bordilar. Faqirning atrofimga ko‘b bema’ni yigitlar yig‘ilgan erdilar, yakkash mazkur bir aroba qayroq birlan bir qancha arradan dam urar erdilar, faqir bo‘lsam benihoyat xavf-harosga tushar erdim. Bag‘dazon ul haromzodalar bir chilimga bang (dar istiloh fir’avnning tezagi) to‘ldirib chekishdilar va yana faqirga ham taklif qildilar, kamina bul maniga rizoliq bermaganimda haromzodalardan birisi aydikim: «Ey Maxdum, agar bul taklifga rozi bo‘lmasangiz, asnoyi sunnatda sharmanda bo‘lursiz», deb. Ammo faqir qabul qilmadim, zo‘rlab erdilar, girya og‘oz qildim. Ammo bir haromzoda bangning tutunidan og‘zig‘a yig‘ub bag‘dazon faqirga damida qilur erdi. Faqir, asnoyi sunnatni ko‘b mulohaza qilur erdim. Haromzodalar aytkandek, gaplar vuqu’ga kelsa, ko‘b yomon bo‘lur edi. Bul xavf-haros birlan agarchandiki fir’avnning tezagi bo‘lsa ham bangdan bir andakni iste’mol aylab ko‘rmoqchi bo‘ldim. Benihoyat achchig‘ erdi, andak-andak qaqir-quqir qilib tortdim. Bul fursatda yigitlardan biri qo‘limg‘a mushtumdek nabot tutquzdi va yana «Bekor o‘lturmang, taqsir», deb mehribonchiliq qilg‘an erdi, beandoza xursand bo‘lub mazkurni ermak qilub o‘lturdim. Va yana birisi birmuncha magiz in’om qildi. Ul tarrorlar faqirni benihoyat siylar erdilar. Ishtahoyi tamom birlan nabot va magizlarni tanovul qilub tugatkan erdim, faqirga ajab bir hole yuz berdi. Nafasim og‘zimg‘a tiqilib kelgandek bo‘lur erdi, ko‘zimga ajab bir nimarsalar ko‘rinur erdi. Bul fursatda ul tarrorlardan biri faqirga tabassum qilub va yana barmoqlarini ko‘rsatib: «Bul nechta, Maxdum?» deb maynabozliq og‘oz qilub erdi. Faqir bul zamon ul nabot va magizlarning bang bilan oluda qiling‘an bo‘lg‘anini onglar erdim. Ziyoda mast bo‘lg‘an erdim, ko‘zim odamlarni ilg‘amas, hushim boshimdan uchkan erdi. Arang-arang qulog‘imga childirmaning dangir-dungir qilg‘an nag‘masi kirar erdi, ul tarrorlar faqirni bul ahvolga solub, o‘zlari ajab bir xursandliq qilub raqs aylar erdilar. Bag‘dazon faqir, bangning asorati bilan behud bo‘lub qolubdirman… Bir zamon ko‘zimni ochsam, boshimda volida birlan padar piq-piq yig‘lab o‘lturibdilar. Faqir ulardan ahvol so‘radimki, bul yig‘ining boisi nimadir va yana to‘ylar tinchlik birlan o‘tdimi, deb. Ul janoblarning so‘zlaridan ma’lum bo‘ldiki, faqirning sunnatim bajo keltirilibdi, ammo kamina o‘shal bang asorati birlan behud bo‘lub yiqilg‘animdan buyon to‘rt kecha-kunduz miyonasida behushona yotar erkanman, bul behushlik o‘shal fir’avnning tezagining xosiyati erkan. Bo in hama faqir ziyoda xursand erdim, zeroki, ul bangning asorati birlan go‘daklarning ta’nasidin qutulib va yana asnoyi xatnada girya qilish bu yonda tursun andak betoqatlik ham vujudga kelmabdir. Ammo ul ikki mehribon benihoyat anduh tortibdirlar. Va yana to‘ylari azaga aylanibdir. Bag‘dazon faqirning ahvolimdan xotirjam’lik aylab, padari buzrukvor faroyiz mashq qilub kori xayrga masruf bo‘lg‘an mablag‘ni hisoblab ko‘rgan erdilar, yig‘ilg‘an to‘yonalar birlan jam’ul-jam’i to‘rt yuz so‘lkavoy Nikalay aqchasi chiqim bo‘lubdir. Tilak «Lo‘li elaklik bo‘ldi, eshagi tilaklik bo‘ldi!» Xij-xij-xij-xij! Kiraturg‘animiz 23-yildan tilak emish! Anov madaniy millatlar qatorida biz ham yangi yilga tilak bilan kiramiz emish! Yaxshiki, yaqin orada: «Ey, notavon ko‘ngilga qo‘tur jomashovning orqasi» deyturg‘an ishi buzuq yo‘q! Bo‘lmasachi, nax sharmandavozliq-da! Miya g‘ovlab o‘lturg‘anda birdan ko‘ngilga «Yangi yildan tilak» savdosi tushub qolmasunmi?… «Otang nechchilik-bo‘zchilik, sanga kim qo‘yubdir bu noma’qulchilik?!» degandek, o‘zimizning bitta-yu uch chorak ibtidoiy maktablarimiz, bo‘qcha-yu yelcha o‘rta maktablarimiz, botmonu dahsar siyosiyunlarimiz, «tana-manasi» bilan muncha muharrirlarimiz bilan go‘yo madaniy millatlar qatorig‘a kirib qoldiq-da, bizga endi yangi-yangi yilga tilak bilan kirish ishi ko‘ndalangkeldi! Ey, notavon ko‘ngil, ey, birmiriga uch qadoqliq shaptoliqoqi, kuchala yegan joyingga borib tirishkin-e! «Etmish yashag‘an qizning yetti-etti tilagi bor» deydirlar. Unga o‘xshag‘an bu notavon ko‘ngilning ham to‘qquz-to‘qquz tilagi, o‘tkuno‘tkun ulkani bor! Bo‘lmasa ul yozsun, siz eshiting notavon ko‘ngilning tilaklarini: 1. «Man qilaman o‘ttuz, tangri qilur to‘qquz!» Bu so‘z bizning yangi yilda davom etaturg‘an ibtidoiy maktablarimizg‘a juft tushkay edi! Omin! O‘tkandagidak, bemaza qovunning urug‘ini ko‘paytirilsa, maktab remo‘nti xudda o‘qish boshlanaturg‘an kun eska tushsa, bolalar sovuqda dildirashib, bit qoqishsalar, har bir tutanturuqsiz muallim va murabbiy qilinub belgulansalar, bolalar bilan qo‘chqor urushdirishib xalq o‘rtasida yangi maktablarga yangi «obro‘» orttirib bersalar, inshoolloh, tilagimiz kuzatkan o‘pqonimizdan chiqar! Ixtor: shahar maktablarining holi shu bo‘lsa, xudo rizosi uchun qishloqda maktab ochishni tilga olinmasun. Chunki «Yopig‘liq qozon yopig‘liq»da… 2. Biz ko‘bdan-ko‘b muharrir, adib va shoirlarga muhtojmiz. Shuning uchun bu yilda ibtidoiy maktab bitirmagan talantlik muharrir va adiblar, savodi chiqmag‘an shoirlar «Maydoni matbuotimiz»ga qadam ranjida qilg‘ay edilar! Hozirgi shoir va adiblarimizdan: Fitratga insof, Elbekka ilhom, Cho‘lponga jinnilik, G‘ozig‘a to‘zim, Sanjarga yalqovliq, Hoji Mu’inga «Samarqandda chiqqan yangi asarlar», G‘ulom Zafariyga «Halima»ning kayfidan hushyorlik, Sadriddin Ayniyga «Buxoro jallodlari», Abdurahmon Sa’diyga domlaliq uchun «Imom G‘azzoliy bilan Yassaviy», Shahid Esonga «Haqiqat»dan bo‘shab «Turkiston» gazetasiga atak-chechak, Mirmuhsinga partiyadan uzulmayturg‘an kishan, Ashurali Zohiriyga imlo janjalig‘a hafsala, Usmonxong‘a o‘n to‘qquz idoradan xidmat (toki chopa-chopa oyog‘dan yiqilsun), eng oxirda Kabir Bakirga Piyonbozordag‘i butka o‘rnig‘a Sabo‘rniydan muhtasham mag‘azin tilaymiz… 3. Yuzda besh foiz tashkil etkan o‘rus og‘a-inilarning «Pravda»lari 10 mingga yetkanda, 95 foizlik o‘zbeklarning «Turkiston»lari 8 mingdan 3 mingga tushub qoldi deb «Turkiston»dagi og‘a-inilar g‘uvrana-zorlana boshladilar. «Turkiston»ni 8 mingga emas, 80 mingga yetkuzish uchun eng oddiy, eng abjaq bir chora bor: Avvalo «Turkiston»ni bir yaxshi domladan uch kun o‘qutib olinsun, soniyan «Turkiston»da bu kungacha bo‘lub kelgan bo‘limlar shu yo‘sun bilan o‘zgartilsun: — Siyosat o‘rniga «Jangnomai hazrat Ali»dan to‘rt og‘iz; — Iqtisod o‘rniga «Jangnomai Jamshid»dan bir fasl»; — Feleto‘n o‘rniga «Not pinkarto‘n» va «Sherlo‘k Xo‘lms» ajinalaridan bir parcha (negakim, bizning ziyolilarimiz uchun bu xudda po‘ladga suv bergandek bo‘ladir); — O‘lka va Toshkand xabarlari o‘rniga, «Aldarko‘sa» hikoyalaridan, «Aliflaylo» voqia’laridan shirin-shirin rivoyat (e’lonlarg‘a tegila ko‘rulmasun, chunki e’lon uchun «Turkiston»ni olg‘uchi savdogarlarimiz ko‘b ko‘rinadirlar). 4. «Inqilob» jurnali bir yilda uch martaba chiqsun: «Yangi yilga bag‘ishlanub bir no‘mir, may bayramisig‘a bir no‘mir, o‘ktabr o‘zgarishiga bag‘ishlanub yana bir no‘mir, jam’i uch no‘mir. Ammo Usmonxon bilan sarkotib (Xakkin) bir yilda chiqqani o‘n no‘mir deb taltaymasunlar! 5. «Bilim o‘chog‘i» o‘likmi, tirikmi, buni Usmonjon maxsus jurnal chiqarub e’lon qilsun! 1. Eski shaharda solinaturg‘an «Buyuk teatru binosi» o‘n yerga ko‘churilub solinsun. Shu bino bitkuncha hech kim pesa ham yozmasun. Shungacha artistlarimiz unda-munda dam «Halima»ni, goh «Abomuslim»ni qo‘ya-qo‘ya, qarib-churub dorul fano dan ketub chippakka chiqsunlar! 1. Besh yildan beri po‘chta-telegraf kursida o‘qub, endi og‘zim oshg‘a, boshim toshg‘a tegdi, deb quvong‘an o‘zbek yigitlarining po‘chta-telegraf ishlaridan haydalg‘anlari— haydalg‘an bo‘lsun! Ularning dodini hech kim eshitmasun! 2. Nekalay davrida turkistonliklar temir yo‘l cho‘chqalaridan qanday turtilgan-surtilgan bo‘lsalar, 23-yilda ham undan battarroq turtila bersunlar. Bu to‘g‘rida churq etkanning og‘zig‘a xoppozi chiqsun! 3. Mahkamai shar’iyaning raisi Zahiriddin a’lam falonchi, pistonchi domlalarg‘a tancha ko‘rpani issig‘lab berib, o‘zi tomosha qilub o‘ltursun! Har zamon — bir zamonda «Islohi madoris» uchun «Olamgiriya» bilan «Raddul-muxtor»dan rivoyatlar axtarib qo‘ysa bas! 4. «Tatariston» gazetasida Turkiston haqida «Baloyi battar» yozub matashg‘uchi ibtash Sh. Boychura agar ilojini topsa oilasi bilan Turkistonga kelib, yana bir yil istiqomat qilsun. Bundagi «Vaqtabi’atli» o‘zbeklar (sartlar) orasinda yurub tirnoq ostidan kir izlasun. Bir yil to‘lg‘ach g‘ozong‘a qaytub, shap ettirib «Vaq tabi’atli» o‘zbeklar (sartlar) haqinda vaq-tiyagin nashr etsun. Ul agar shulay etsa bik shap muharrir bula, sababi ishtihor bula. O‘zi aytmishli shuning bilan G‘alimjon Ibrohimovningda kimligin ochub sola… 4. Zinhor kelsun ali Sh. Boychura, zinhor Fotih Burnashnida olsun Boychura… zinhor iptashkaim!» Tilanchilik yoxud yengil kasb Insoniyat olaminda eng mazmum va manfur bir ish bo‘lsa, ul ham tilanchilik — soyillikdir. Tilanchilik — ilm-hunarsizlik orqali tarqalaturg‘an bir maraz bo‘lg‘anliqdan tabiiy bu kasal bizim islom olaminda ko‘bdir; shu daraja ko‘bdirki, ba’zi islom mamlakatlarinda, oyniqsa, bizim Turkistonda bir kasb tusini olmishdir. Bizim bu, tilanchilikni o‘zlarig‘a kasb etib oluvchi zotlar nazarinda go‘yo bu ish olar uchun shar’iy bir hunar hisob etilur. Vatanimizda tama’ ila umr o‘tkaruvchi eshon, shayx, nazrixo‘r, duogo‘y, bilmam tag‘i allaqanday darvishlardan qat’i nazar, ochiqdan-ochiq tilanchilik etuvchi qalandarlarimiz, maddoh va ashurochilarimiz, ko‘chama-ko‘cha tentirovchi er-xotun, bola-baqralarimiz va tilanchilik savdosinda shahar-qishloqlarda kezuvchilarimizga qaralsa, bizda tilanchilikning na darajada taraqqiy etib, kasb suratiga kirib borg‘anlig‘in ko‘rilur. Bularning hammalari deyarlik ishlarga qodir kishilar bo‘lg‘anliqdan shar’an bo‘lsun, vijdonan bo‘lsun tilanchilik etarga haqlari yo‘q kishilardir. Qalandar, maddoh… ismli safillarimizning ichida katta-katta boylari bor bo‘lg‘ani kabi topqan oqchalarini qimor, nashaxonalarda barbod beruvchilari ham o‘zlariga yetmagan shekilli, yosh, ma’sum bolalarini ham bu yomon kasbga qurbon etmakdadirlar. Bu badbaxtlarga «O‘zing-o‘zing, endi o‘g‘lungni o‘qutub biror kasb o‘rgatsang yaxshi bo‘lmaydirmi?», desang: «Ey-y, bu kasb bizning ota-bobolardan qolib kelmakda bo‘lg‘an ish. Har kimga o‘z ota kasbini qilmoq kerak!», javobini beradirlar. Ko‘rasiz! Alar uchun tilanchilik o‘zi bir kasb ota merosi! Islomiyat buning kabi yalqov tama’korlikg‘a qattig‘ qarshi bo‘lgani kabi bukungi ijtimoiy olimlar ham jiddan qarshidir. «Tog‘dan o‘tun keltirub sotib, shundan muhtojlarga sadaqa beruvingiz tilanib yurmoqdan yaxshiroqdir», degan kabi hadislar tilanchilikdan, yalqovchiliqdan xalqni qattig‘ man’ etadir. Rusiya ijtimoiy qo‘shma sho‘rolar jumhuriyati ham tilanchilarga yo‘l qoldirmov uchun «Ijtimoiy ta’minot» isminda kuchdan-quvvatdan qolmish mehnatkashlarga yordamxonalar ochmishlardirkim, bu soyillikg‘a qarshi bir choradir. «Ijtimoiy ta’minot»lar bizim salomat vujudlik, yuzlarindin qon tomar maddoh, qalandar ismli yengil kasbchilarimiz uchun emas, balki qari, ishka yaramovchi, ko‘r, shol kasalli, sag‘ir, yetimlar va shularning amsoli uchundir. Islomiyatning bo‘lsun va olimi ijtimoiyotning bo‘lsun bizning yengil kasbchilarimiz bo‘lgan maddoh, qalandar va amsoliga javobi shuldir: — Kuching bor, vujuding salomat va aqling komil ekan, ishlab ye! Boshqalarning qo‘lidag‘ig‘a osilma! Ammo biz bugun hayoti ijtimoiya kechirur ekanmiz, hanuz boyagi yengil kasbchi safillarimizning kasblarinda mudovamat etuvlari «dunyo omillari» shiori qarshisinda buning aksini ishlovchilarning-da bo‘linuvi g‘oyatda taassufli bir holdir. Ishka noqobil zaifalarimizning «Ijtimoiy ta’minot»lari bo‘linaturib-da, ko‘chalarda zalilona kezinishlari bunday muassasalarning borlig‘indan bexabarlikdan yoxud ilgarigi soyillik lazzatini unuta bilmaganlikdan bo‘lub, buning tevishli chorasiga kirishmak o‘z ahlining birinchi navbatdagi vazifasidir. Tinch ish I …Endi bu zot ham ulamodan biri edi. O‘z ahli tarafidan varasatul-anbiyo qatorig‘a kiritilgan uchun mertuq-sertuqlarning falon-tuganiga quloq soluvning ham luzumi yo‘q edi. Yigirma besh-o‘ttuz yilni madrasa tuprog‘i yalab o‘tkargan bir kishini, tabiiy, bizda ulamo qatorig‘a kirguzmay hol yo‘q. Ham ana shu madrasa tuprog‘ini o‘ttuz yil yalab, shul tuproq yalov ajrini ham olg‘an edi. Avom o‘rtasinda bo‘lsun, ulamo orasinda bo‘lsun ul «Domla Sharif Oxund» bo‘lub tanilg‘an va bu ismni eshitkan, yetti yashardan yetmish yasharning ko‘z oldig‘a katta salla, uzun chopon, semiztan, o‘ng qo‘lining yengidan to‘rt ellik tasbih uchi ko‘runub turg‘an, qib-qizil barkash yuz, moshkichiri soqol bir zot kelib bosar edi. Bu zot diniy bir olim bo‘luv ustig‘a siyosatdan ham xabarsiz emas edi. Amrika, Girmoniya, Ongliya, Yapo‘niya, Faransiya, Belgiya, shuning kabi har davlatlarni yodlab bilar edi. Bunlarning hunarlarigacha ayrim-ayrim ajratar edi. Masalan, Amrika, o‘zi faranglarning bir tabaqasi, ya’ni qabilasi. Hunari: amirkon teri ishlaydir. Amirkon paxtani ham shu chiqarg‘an. Girmoniya to‘b to‘pxona, urush aslahalarini ishlaydir. Osmon popurini ham shu kofir chiqarg‘an. Ongliya — bu juda hunarmand, lokin o‘zining yer yuzinda joyi yo‘q. Ammo dengizga shaharlar bino qilg‘an. Shuning uchun dengizlar podshosi deb aytadirlar. Faransiya yoki Farang — bu o‘zi mayda-chuyda ishlarga juda ham usta bir kofir; farangi igna, moshina, farangi ib, gramafon, nag‘ma va shunga o‘xshash allaqancha ajoyib, g‘aroyib narsalarni chiqarg‘an. Yapo‘niya — o‘rusdan Po‘rt-ortirni olg‘an… Ana bunlar endi chet qironlar to‘g‘risida bilgan siyosati. O‘zimizning yaqin qironlardan, masalan, Xitoy, Turkiya, Buxorolar haqqinda yetti yoshliq vaqtindan beri ma’lumoti bor. Xitoy — hunari xitoy qog‘oz, ipak jujum, jonon piyola… nufusi juda ham ko‘b, na hisobda, na kitobda bor. Samarkentni olmoqg‘a qo‘shun tortg‘anda yo‘l ustida daryoyi Nilmi, Jayhunmi degan bir daryog‘a to‘g‘ri kelar ekan. Daryoni ko‘pruksiz ko‘rganda ijrg‘amig‘a kelturmay cherigini suvg‘a bosib, odamdan ko‘pruk qilib, o‘tub ketar ekan. Mana, ko‘bligi shuncha ekan! Turkiya — yer yuzining sultoni, ahli kuffordan boj xiroj oladir. Qahru-g‘azabidan zaminu zamon, makinu makon titraydir. Odamlarini uch yuz otmish kun ro‘za, yigirma to‘rt soat namoz o‘quvchi «avliyo» deb biladir. (Bu yerda muallimchilik qilib yurg‘an asir turklarni ul turk deb bilmaydir. Balkim yolg‘ondaki turk oti ostig‘a yashiringan kuffor, din buzuvchi, armani deb bilganidan ushbu mal’unlarga ergashib yurg‘an musulmon bolalarig‘a chin ko‘ngildan achinadir…) . Buxoro to‘g‘risinda so‘ylav kerak emas, hammamizga belgili: boshqa islom shaharlariga ko‘kdan nur yog‘ilg‘an holda, shu shaharlarga yog‘dirmoq uchun Buxoroi sharifdan farishtalar orqali ko‘kga nur chiqarilur ekan!.. Mana, aning siyosatdan, inglizning bir yuz siyosiyunidan ortiq ma’lumoti. O‘zi mudarrislikka saylanmasdan ilgari oq podshohg‘a nima uchundir mastravoylar kabi dushmanliq saqlab yurar edi. Allanarsamof degan to‘ra yog‘indan mudarrislikka «ukaz» berilgach, oq podshohning xaqig‘a qo‘l ko‘tarib, duo qilg‘an kundan boshlab o‘zidan Nekalayga bir xayrixohliq seza boshlaydir. To‘g‘ri kelgan yig‘inlarda podshohliqning nisfi nubuvvat deganlar, kofir bo‘lsa ham «nubuvvat», ya’ni payg‘ambarlikning nisf quvvati bor, deb oq podshohni yuqori ko‘tarib qo‘yadir. Orada urush boshlanib, Turkistonda «rabochiy» masalasi qo‘zg‘alganda g‘alayong‘a kelgan xalqg‘a: «Podshohning amri vojib, ma’noi vojib farzlig‘inda ozg‘ina shubha bor, ma’noi farz amri ilohiy», deb hayajondan to‘xtaturg‘a tirishadir. Girmon unday hunar ko‘rsatibdir, oq podshohning buncha shahrini olibdir, degan xabarlarg‘a sira ishong‘usi kelmay: «Yaxshi, Girmonning yuz o‘n besh gaz to‘pi bor, men buni Girmonning o‘zidan-da yaxshiroq bilamen, ammo u g‘arqi ohan bo‘lsa ham Rusiyaning bir tola mo‘yini kam qila olmaydir. Rusiya bunga o‘xshash Girmonning bir yuzi bilan urushib ko‘rgan, oq podshoh emdi er nazar qilg‘an deb yuradir. II 1917 yil fevral so‘nginda inqilob boshlanib, oq podshohimiz taxtdan tobutg‘a olinur. Birinchi martdan boshlab xalq og‘zinda «Nekalay taxtdan tushurulib, yangi hukumat tuzulubdir», degan xabarlar yurii boshlar. Lokin bu xabarlarg‘a bizim «Oxund domla» sira ishonmaydir. Shu xabarlarni so‘ylavchiga qiziq turish bilan: «Ey, sen ahmoq bo‘lib qoldingmi? Oq podshohni o‘rnidan tushurub bo‘lar emish? Yaxshikim bu so‘zni manga aytding, yomonroq kishiga aytsang boshing ketadir — boshing! Damingni chiqarma! Bu xabar mastravoylarning xabari! — Mastravoy degan kim taqsir? — Ha, ko‘chalarga tosh teradirganlar-chi, ana shunlarni mastravoy derlar, shunlarning xabariga ishonib bo‘ladirmi? Oradan o‘n besh kun o‘tub ketadir… Nekalayning politsa — mirshablari, qozilari, mingboshilari o‘rundan chiqarilib, boshqalar saylana boshlar. Yurtning turushi o‘zgarar. Saylov — yig‘inlarning bir nechasinda Oxund domlamizning ham qatnashishlari bo‘ladir. Oxund domlamizg‘a emdi oq podshohning haqiqatdan taxtdan tobutg‘a oling‘ani sezilur. Lokin bu ishga nima uchundirkim, aning ichi bir turli g‘ash bo‘lib: «Ey xudoyo to‘ba, bu nima degan gap emdi!..» — deb qo‘yadir. — Oq podshoh o‘rnidan tushurulibdir, «Yangi hukumat» degan hukumat bo‘lubdir. Ammo mana bu «saylov» degan nima degan noma’qulchiliq? Xudoyoto‘ba! Xudoyoto‘ba!.. Odamlarning og‘zindag‘i «Hurriyat» degani nima degan so‘z, yerdan «Hurriyat», ko‘kdan «Hurriyat», bugun saylov, erta saylov! Xudoyo to‘ba! Xudoyo to‘ba!.. Xalq og‘zindag‘i «Hurriyat, hurriyat» degan so‘zga birinchi eshituvda tushunilmasa ham lug‘at ko‘rilgandan keyin bir oz tushunildi. Oxund domlamiz oq podshohni o‘rundan tushurulib, Kerenskiyning podshoh ko‘tarilganini «Bo‘libdir, bo‘libdir emdi» bilan zihniga sig‘dirsa-da, haligi «Yangidan saylovni» sira miyasiga sig‘dnra olmadi. «Xalq istagicha yangidan saylab qo‘yish» degan gap aning ichini ari kabi taliy boshladi. Nechun ari bo‘lib talamasin. …Madrasasining birinchi mudarrisi etib Allanarsamof yog‘indan berilgan ukazni bekorga chiqarib, Oxund domlamiz o‘rnig‘a boshqani saylaymiz, desalar!.. O‘hhh!.. III Otun oyimg‘a ukazni olib chiquvni buyurib, o‘zi ayvonga o‘lturdi. Shul vaqtda daruni dildan oh tortib yuborg‘an ham edi. Ukaz qog‘ozi bundan bir yil ilgari sanduqg‘a tushuvda Oxund domlag‘a qanday umidlar bergan bo‘lsa, bu kun sanduqdan chiquvda shu daraja umidsizlik tug‘dirdi. Otun oyimdan ukazni olib ocha boshladi. Bu qog‘oz yaxshi saqlang‘ani uchun har qabatini ochilg‘an sari shaldirar va bu shaldirov Oxund domlani allanechuk ma’yus etar edi. Ukaz ochilib bo‘ldi. Domlamizning ruschadan xabari bo‘lmasa ham, hokim mahkamasining mirzasi yog‘indan ukazni berishda: «…Madrasinkiy pervoy mudarrisu gospodinu Mullasharif Oxunu Mulla Zarif Oxunovu» deb o‘qub berishi esiga tushub, o‘shal vaqt butun a’zosi til bilan onglatib bo‘lmasliq bir lazzat bilan jimirlashib ketkani esiga kelib ketdi. «Gospodin pervoy mudarris»ni ta’yin etib chiroyliq qilib qo‘yilg‘an burmacha imzolar bilan semurug‘ qushli tamg‘alarg‘a ko‘zi tushub o‘tdi. Ammo shul vaqt «Hurriyat, saylov» shart etib esiga tushub ketdi. Ukaz qo‘lidan yerga tushub ketayozdi… Emdi bir necha vaqt hushdan ham ketgan edi. Esi o‘ziga kelgach, ukazni bukliy boshladi. Ukaz: «Meni ko‘rma, ham kuyma!» degan kabi bo‘lub, o‘z-o‘zindan shaldirovsiz buklana boshladi. Otun oyim ukazni sanduqg‘a olib ketmakda bo‘lg‘anida ortidan alvido qilg‘an kabi ma’yusona qarab turar edi. Yana bir gulduros bilan oh tortg‘andan so‘ng oq podshohni o‘rindan tushurg‘anlari uchun mastravoylarga la’nat o‘qudi. Shunday la’nat o‘qudikim: «Shul soat mastravoylarni yer yutsa oq podshoh o‘z o‘rnig‘a o‘lturub, «Hurriyat, saylov»ni yo‘q qilsa, ukaz ukazlikda qolsa!..» Ammo Oxund domlaning duosi ijobat hadafiga tegudan vaqt o‘tkan edi. Lokin domlaning bu «saylov» tashvishi va mastravoylarga duoyi badi o‘rinsiz bo‘lib chiqg‘an edi. Negakim, ish domlanish foydasig‘a qumorila boshlag‘an, yangi oq podshoh (Kerenskiy) vaqtida domlalarimizg‘a o‘xshag‘an «saylov» sichqonlari uchun har qancha ish qilinsa, maydon ochiq edi. Yolg‘uz… yolg‘uz «yosh» degan bir firqani ish boshidan haydalsa… IV Emdi xalq orasig‘a din otidan yoshlarg‘a qarshi tashviqot yurguzila boshlamish edi. Hozir bizning Oxund domlamiz nima qilur edi? Domlamizning o‘zi politikan emasmi? Ishning tubiga allaqachon tushunib, yoshlarg‘a qarshi tashviqot dengizinda yuzar edi. Ish Oxund domlamiz kabilarning foydasi bilan natijalandi. Emdi Oxund domlamizning og‘zi qulog‘ida, «Din buzuvchi dahriy yoshlar!» degan jahr og‘zidan favvora urub chiqadir. Domlamiz masti loya’qil, hozir domlag‘a Nekalay zolim, Kerenskiy odili a’dal ukazning ham bir tiyinlik qiymati yo‘q, tilasa mudarris, tilasa qozi, tilasa do‘ma! Vassalom… V 1917 yilning sentabrlari edi, shekilli… Yangi hukumat qarshisig‘a bolsheviklar qo‘zg‘almoqda… degan xabarlar yuriy boshladi. Ilgarirak domlamiz bu xabarlarg‘a ko‘bda ishonmasa ham keyinrak o‘yliy boshladi. Bolsheviklar haqinda ma’lumot egasi bo‘lmag‘ani uchun undan, bundan surishturmoqg‘a turdi. O‘ho‘o‘o‘… bolshevik! Yer yutsun, yer yutsun! Dinni bilmasa, boy va ulamo (xoin ulamo)ni yer bilan yakson qilmoq tilasa. Mol-mulkni mushtarak deb bilsa!.. Bu ma’lumotni olg‘ach kecha-kunduz: «Ey bor xudoyo, Kerenskiy hukumatini qiyomatg‘acha oyog‘dan yiqitma!» deb duo qilmoqg‘a kirishdi. Voqi’an hazrat Oxund domlamizning busotdag‘i bor dastmoyalari shulgina edi. VI Yigirma nechanchi… oy edi, olamni to‘p gum-gumi, pulemit tartaragi bosg‘an edi. Ikki firqa, ya’ni boy ulamo bilan kambag‘al benavo jon berib jon olmoqda edi. Oxund domlamizda boshqa kamolot kutgandan ortiq bir ravishda bo‘lsa ham yurak degan ne’matdan mahrum bo‘lg‘anlari uchun birinchi miltiq tovshi bilan uzlatni ixtiyor qilmishlar edi. Har bir to‘p tovshi Oxund hazratimizga eshitilgan sari uzlatxonada ichlari shuvillashmakda edi. Natijada kambag‘al benavo boy va ulamoni yetti qat yerning ostig‘a kirguzub yuboradirg‘an darajada yengdi,.. Bu xabar Oxund domlamizning uzlatxonalarig‘a irsol etilmish. Domlamiz jondan umid uzub, har minut «Kalimai tayyiba» va «Kalimai shahodat»ni virdi zabon etmishlar edi. VII Oradan o‘n kun o‘tdi. Oxund domlamiz yo‘q, yigirma kun o‘tdi, daraksiz, o‘tguz kun deganda ayovli yasonni bir hovich qilib, uzlatxonaning eshikidan mo‘raladilar. O‘ttuz birinchi kunda atak-chechak qilib uzlatxona atrofinda sinov uchun yurib ko‘rdilar. Tadrij ba tadrij ahli ayol yonig‘a boruvni janob haq tinchlik va osoyishtaliq bilan Oxund domlamizg‘a muyassar qildi. To‘p bilan pulemit, bolsheviklarning astahidil tutg‘an siyosati va alalxusus siyosiyunliq Oxund domlamizning yuragini olib qo‘yg‘anliqdan bundan so‘ng siyosatg‘a oralashmasliq ahli ayol o‘rtasinda ahd etildi. Tinchgina imomgarchilikda davom etila boshlandi. Ilgari bolshevik og‘alarning, kimning otini, kimning molini, kimning yerini tortib oluvlarig‘a qanday ma’ni berishga ojiz bo‘lg‘an Oxund domlamiz «Miftohul-jinon» va amsoli kitoblardan istixroj etib: «Zamona oxir bo‘lib, qiyomat yaqinlashg‘an ekan, bu kungi bolshevik deganimiz ya’juj-ma’juj va yo dobbatul-arz bo‘lur» deb o‘ylar edi. O‘shal vaqtda bunday demakga balkim anish haqi ham bo‘lg‘andir, lokin bu kunda aning ya’juj-ma’juj, dobbatul-arz haqindag‘i fikrlari o‘zgarib, bolsheviklarning ham inson ekanligiga imon kelturdi. Yaqinda xalq… madrasasiga Oxund domlamiz o‘rnig‘a boshqa bir mudarris ta’yin etildi. Ammo bunga domlamizning sira iltifoti bo‘lmadi. Shuning bilan barobar ukaz ham sandukda unutilib yotadir, balkim esiga kelganda yirtib ham tashlar. Shunday qilib tinchgina imomgarchiligida davom etadir. Siyosiyunliq vaqti esiga tushg‘anda seskanib ketib: «Yo‘q, shayton ozdirg‘an ekan va yo es ketkan ekan!» deb qo‘yadir. Bugungi imomgarchiligiga kelganda: «Buning o‘zi xo‘b tinch ishde!» deydir. Voqi’an Oxund domlamizning o‘ziga loyiq ish shunisi edi. Toshkand boylari Inqilobg‘acha Toshkand boylari deb shularni bilar edik: 1. Shoholim hoji Shohishoqov (hozirda ham davlati katta, boshqalar inqilobdan zararlangan bo‘lsa, bul kishi foydalandi). 2. Vali hoji Abdulmalik o‘g‘li (buning ham davlati chakki emas, hozirda ham birni uchka sotub, eski holig‘a qaytmoq harakatida). 3. Orifjon Mallaboyev (vafot, dunyog‘a kelgan bo‘lsa-da, kelmagandek). 4. Orifxo‘ja Azizxo‘jayev (bu kunda juda piri badavlat, Turkistonni sotquchi mashhur xoinlardan po‘cho‘tni grajdanin Said Azimboyning shafoati bilan Nekalay hukumatiga sodiq o‘g‘ul bo‘lub tanilg‘an va uning ko‘magi soyasida butxona, to‘ng‘uzxona va amsoli… xonalarni ta’mir pudratini olub odamshavanda bo‘lub yurgan edi). Ikkinchi darajadagi boytaroshlar: 1. Komiljon Ahmadjonov (bul jonivorning aksar umri shallaqiliq, lo‘lilik, moli-mardumxo‘rlik bilan o‘tdi). 2. Abdulmavlonboy hoji (davlati chakki emas edi. Hozirda ham o‘g‘ullari ish surmakda. Bu oila faqat yeb-ichib umr o‘tkazadir). 3. G‘ulom qori Tillashayxov (bul bechora ko‘b davlatini «Ulamo» jamiyati muftxo‘rlari yo‘lig‘a tikib, o‘zi muflis bo‘layozg‘an edi. Hozirda esa «Ulamo» jamiyatidan olub qolg‘an duolari barakasida tag‘i ham boyub ketdi. Oxiri baxayr bo‘lsun). 4. Burodaron Qurbonboyevlar (Burodaronlarning shuhratlari masjid solish bilandur). 5. Boqijonboy: («Oti ulug‘ sufrasi quruq» maqoli shu kishining sha’niga aytilgan, lekin o‘zi zararsiz kishi). 6. Ibrohimhoji Karimboyev (bul kishining barcha tashabbusi taaddudi zavjot masalasiga ketdi. Shuning barakasida bir necha o‘nlab o‘g‘ullari bo‘ldikim, bul kishidan millatning qilg‘an isti’fodasi faqat shundanginadir. 7. Aziz Xalfa («Ulamo» jamiyatiga ko‘b xizmat qilub alhol taqsirot kasaliga mubtalo bo‘lub qoldi). 8. Burodaron Norbekovlar (agarchandiki, bu avlod taraqqiyparvardir, lekin mirquruqlik bularga irsiy kasallikdur). 9. To‘xtajonboy Alijonboyev (tovlamachi boylarimizning eng ashaddiysi edi, Maskov firmalarini qon qaqshatub, Toshkandga muhtasham masjid solub berdi. Goroddagi «Nasional» binosi ham uning xizmati mevalaridan. Ilgari tars yorilub, so‘ngidan shart sindi. Bu kunda bo‘lsa qo‘ychiliq qilub yana qobirg‘asini yopub qoldi). Qisqasi, bu ikkinchi darajaga kiraturgan kishilar juda ko‘b, mashru’ va nomashru’ bu mavqe’ga mingan almoyi-aljoyilar hisobsiz, ammo faqat tuturug‘i borlarnigina yozib ko‘rsatdik. Inqilobdan keyingi NEP farzandlari to‘g‘risig‘a to‘xtalsaq, miyamiz shishib qoladir. Ya’ni nuqul g‘archcha moy yeb, cho‘muchimiz moy ustida suzadir… Gap ko‘p qalam to‘mtoq, ishtaha karnay palov bedarak, otimiz ulug‘ suframiz qurug‘… kabi yuqori-quyi gaplar bilan hozirga bu keyingi mavzuni ikkinchi vaqtqa qoldirsamiz ham, biroq NEPning, Toshkand boylarining «shoh asari» bo‘lg‘an Azimboybachcha ustida to‘xtolmay o‘tolmaymiz. Tuzuk, bu burodarimiz o‘zining gurullagan kunlaridan nishona qilub, keyingi uch yilning badalida yetti-sakkiz yerdan masjid bino qildi, hatto Yusufxo‘ja eshonning qabri ustiga daxma qilish himmatigacha borub yetdi. Biroq bu himmatlar bizning aqli qosirimizcha loyiqi shuhrat va taqdir emas… Bizning har birimizning yonimiz do‘ppaydimi, darhol masjidga urina ketamiz. Ammo hamma kasal, barcha tirriqlik maktab degan muammoning ustida! Demakchimizki, bu yangi davrning «yo‘lboshchisi» Azim sarkordek bir odam bo‘lsun, maktab solish ishini umumiylashdirsun! Gapdan gap chiqub, so‘z uzoqqa ketdi. Bu maqolani yozishdan muddao shulki, yuqorida Toshkand boylarining birinchisiga Shoholim hoji akamizni qo‘yg‘an edik. To‘g‘risi, ham bu maqola o‘sha kishining tufayli bilan yoziladir. Turkistondan Maskovga vagon-vagon magiz, o‘rik, gurunch, Maskovdan Yettisuvga toy-toy gazlama, Yettisuvdan Turkistonga qo‘shoq-qo‘shoq qo‘y, Turkistondan Maskovga yana haligi gap… xudda charxfalak. Bu ishni qilayotqan odam fransiyalik Ro‘kfeller emas, amerikalik Ro‘tshild ham emas, o‘zimizning toshkandlik Shoholim hoji akangiz! Bu gap to‘g‘ri, Xudo bersa shunday bo‘lar ekan. Aql, ish, kelim-ketim, hammasi ham moshinavori. Albatta, bunchalik ish surgan kishining chirmandasi ham bir necha qoplab bordir, deb o‘ylarsiz. Faqiringiz ham sizning fikringizda… Tunov kun boyning otasi o‘ldi, elli chervonkalab oqcha faqat janozag‘a yig‘ilg‘an qalang‘i-qasang‘ilarg‘a ulashildi. Xudo ziyoda qilsun. — Necha masjid soldi? — deb so‘rarsiz, albatta. Hozircha soling‘an masjid-pasjiddan darak yo‘q. — Necha maktabning otalig‘ini oldi? — deb yana so‘rarsiz. Lochin bilan bahslashkan olaqarg‘a aytkan ekanki, shuni olsam birkam yuztasi qoladir, deb. Ung‘a o‘xshash bizning hoji akamiz ham basharti endi bir maktabning otalig‘ini olsa faqat bitta bo‘ladir. Hoji akamizning yoshlari ellidan oshqan bo‘lsa ham, lekin o‘g‘ul-qizlari yo‘q, deb ba’zi odamlar ta’na qiladirlar. Biz aytamizki, o‘g‘ulsizlik ayb emas, agar hoji akamiz chin ota bo‘lmoqchi bo‘lsalar (Xudoyo, tovba qildim), butun millat bolalari ul kishining bolalari, o‘g‘ullari, qizlari! Dunyoda bunday otaliqqa hech kimsa noil bo‘la olmas, tushunsalar! — Hoy, hoji! Yoshing anchaga bordi, bir oyoqing yerda bo‘lsa, bir oyoqing go‘rda, esing borida etagingni yop! Illo, yig‘ub-terganlaring faqat uch-to‘rt quzg‘unlarg‘a qolishini unutma! Ya’ni oting, dong‘ing o‘zing bilan birga ko‘milmasun… So‘zimiz yolg‘uz bir kishi ustidagina emas, «Qizim, sanga aytaman kelinim san eshit!» qabilida boshqalarg‘a ham om. Toshkand xabarlari «Ishtirokiyun»ning so‘ngg‘i bir no‘merinda, e’lon qisminda ba’zi vakolatlardan jumladan, Eski shahar sinfiy ittifoqlar sho‘rosining «reorganizasiya» komissiyalig‘indan iste’fo beruvingizni e’lon etasiz. O‘rtoq! Umumiy majlisimiz bu ishka sizdan durustroq bir kishi topolmagach, bu o‘runda sizni ko‘rsatkan edi. Siz ba’zi «sababcha»lar ko‘rsatib zimmangizga olmaganingizda, ko‘rsatgan sabablaringizdan bu ishning muhimroqlig‘in o‘zingizga qoldirilgan)di. Bu orada nima bo‘lganda bugun iste’fo berasiz. Sizning kabi «idealnыy» bo‘lib topilgan bir zotga bu daraja yengil harakat «uchib yurish» kelishib yotmasa kerak. Sizning zimmangizga qo‘yilgan «reorganizasiya» ishi o‘ttuz to‘rt ming mehnatkashlarni uyushtirish edi… Biz sizning hozir ishlab turgan artistlig‘ingiz, «avto‘r»lig‘ingiz va boshqa ishlaringizdan bu ishni yuz qat muhimroq deb bilamiz. Takrorlaymiz: O‘ttuz to‘rt ming mehnatkashni uyushtirib, yo‘lga solmoq bir yuz teatrudan foydaliroqdir… Agarda ta’bingiz noziklashib, qora rabochiylar orasida bir necha kun ishlarga jirkangan bo‘lsangiz, ul choqda bizning bir so‘z deyurga ham haqqimiz yo‘q! O‘rtoq! Hali ham bo‘lsa kelib, ishka kirishuvingizni ishlarga kishisi yo‘q o‘ttuz to‘rt ming mehnatkashlar nomidan so‘raymiz Eski shahar sinfiy ittifoqlar sho‘rosi nomidan: Sadr: Muborakshoh. Kotib: Abdulla. Toshkand xabarlari Toshkand va tevaragida maorif oyi bilan birga yog‘mur oyi ham e’lon qilindi. Chakkaning o‘tishi chakkidir, negaki, Eski shahar xalqi suvda suzish ilmidan bahrasizdir, vaqtdan isti’foda qilub har bir oila o‘rdak boqsun, hozirga bir yuz yetmish uy yiqilub, kattalardan uch yuz kishi shahid va go‘daklardan besh yuztasining gunohsiz qonini arang dumaxona o‘z zimmasiga oldi. Yana besh yuzlab uy ruku’da yiqilg‘anlar sujuddadir. Yog‘mur agar ebida yog‘sa ma’lumki, obi rahmat, ya’ni manba’i hayot deymiz, illo, halokati tabiiyotning eng kuchligi ham yog‘murdir desak, shoyad yanglishmag‘an bo‘lurmiz. Nachukkim, hazrati Nuhning balosi to‘fon bilan edi. Bu xabarlarni yozar ekanmiz, qo‘rqunch bir haqiqat ko‘z o‘ngimizda edi. Ajabo, biz musulmonlar irtidodda qavmi Nuh darajalariga borib yetdikmi? Kechirmakda bo‘lg‘animiz kunlarni biz yavmin-nahsdan hisoblaymiz. Shuning uchun har kimga bilib oyoq qo‘ymoqqa, chakka balosidan, shaboblik kasofatidan emin bo‘lmoqqa tavsiya qilamiz. Ayniqsa, «Baladiya bo‘limi hech narsa demadi-ku» deb eski tom ostida o‘lturmangiz, o‘ltursangiz ham tom qisirlashdi deguncha qochub qolingiz-ki, hamma najot shundaginadir. Xususan, Eski shahar rastalariga tushib, Mallaxondan qolg‘an osori atiqa lafkalarning yonidan o‘tishdan, albatta, albatta, hazar qiling, o‘tar bo‘lsangiz, ushbu duoni o‘qungiz: «Ollohumma ihfazni min falakotil inqilobi hozad-do‘kkona va nas’aluka an tursilanna jami’a baloika va qazoika alash-sho‘batil-baladiyati». Ushbu duo ko‘b barakatlik duodir. Man shakka faqat kafara. Bu duoni bir qog‘ozga yozib, dumaxonaning viveskasiga bog‘lasangiz, xosiyati oshkor bo‘lg‘ay! Ilova: Zahiriddin a’lamdan fatvo so‘raymizki, basharti katta ko‘chadagi bir imorat yoki devor o‘tkunchilardan bir nechasini bossa, ularning xunini kim to‘laydir? Uy egasimi yoki dumaxonami? Fatvo kitobingizda, albatta, buning bir hukmi bordir. Xususiy maktublardan Kaminalari xususiy kabinetlarida o‘lturub, yangigina po‘chtalyo‘n tomonidan topshirilg‘an do‘st-dushman maktublarini o‘qub, goh kular edilar, goh yig‘lar edilar. Do‘st-dushman maktubidan bir necha nusxa: «…Oyog‘ingg‘a qarab yur!.. Kechagi gazetda haqimda aljiganingni bu galcha bola-chaqang hurmatiga kechirdim. Yo‘qsa bitta kallakesarga zakaz berilgan edi… Imzo…» Rezalyutsiya: o‘zim ham jondan to‘yganman! «Birodar! Qo‘chqor podachining sigiri teskari tug‘ubdir. Shuni o‘xshatub gazetingga yozmaysanmi? O‘ zi juda qiziq gapda!.. Imzo…» Rezalyutsiya: saniki ham ma’qul! «O‘rtoq! Man saning shaharning chetrog‘ida turishingni bilaman. Shuning uchun sandan bir iltimos bor. Xudo uchun iltimosimni rad qilma. Oilam ila yaqing‘inadan beri bir balog‘a yo‘liqdiq. Yolg‘iz mangina emas, butun mahalla ahli yo‘liqdilar. Bu voqi’aga endi uch oylar chamasi bo‘ldi. Kunduzlari harchiku notinchlik bilan o‘tkuramiz. Ammo kechalari! So‘rama birodar, bizning holimizga mushuklar yig‘lasun! Bir chimdim uxlash yo‘q, butun kechasi jonsaraklik. O‘zimizni ham qo‘yabera, hammadan ham beshikdagi bolani ayt… Ey, bechora-bechora, saning nima gunohing bor edi?! Tovushing o‘chkurning tovushini eshitkan sayin beshikda yotqan gunohsizning o‘takasi yorilib shaytonlaydir. Ertasiga butun kun domla xo‘ja qilub umrimiz o‘tadir… Buning mahallasiga dev dorigan ekan, deb o‘ylay ko‘rma. Bu uning oldida hech narsa. Ajdarho paydo bo‘lg‘andir, deb ham o‘ylama. Chunki biz ajdar deganingdan … olamiz, bu o‘zi ajib bir balo, xunuk bedavo! Endi bo‘lmadi, endi uyni tashlab qochaman. Yo‘q, u tursun — yo‘q man turay. Sanga iltimos shulki, o‘zingga yaqin yerdan bir hovli top, man ko‘chay shu mahalladan, boshimni olib ketay shu uydan. Bir mangina emas, butun mahalla ko‘chish qasdida. Bechoralar: «Shahardan hovli topilmasa uyazga bo‘lsa ham chiqib ketamiz»,deydilar. O‘zi ajib bir balo, ishonmasang bir kun kel, butun tun mijja qoqtirsa, har narsa de. Sanga baytalmonning otini aytishka ham yuragim yo‘q. Xayr nima bo‘lsa ham aytay: «Sharq» sahnasi bilan «Turon»ning to‘rtta karnayi g‘a-a-a-a-at, g‘a-a-a-a tuu-u-g‘a-a-a-aat! G‘art-g‘art-g‘art! Ha tovushing o‘chkur, ha, egasiz qolg‘ur! Maxsido‘z mahalla: Imzo…» Rezalyutsiya: shu gapingga noma’qul buzoqning go‘shtini yebsan. Jimgina qimirlamay uyingda yotaber. Tovushi saning mahallangga yoqmag‘an karnay «Sharq» «Alt musiqiya»sidan bir nav’idurki, uning insonga uch turluk foydasi bor, deydirlar. Chunonchi: 1. Har inson, forsiycha «xar», o‘zbekcha «eshak» degan hayvonning nag‘mai jonso‘zini eshitsun va yo karnay tovushini! 2. Musiqiyshunoslarning so‘zlariga qarag‘anda, bu ikki jonvorning tovushi ijroi ta’sirida barobar bo‘lub, kishining miyasini to‘lg‘uzar ekan va yana ruhiga oziq bo‘lub tabi’atini ham noziklashdirar ekan! 3. Xususan, karnay bizning xalqqa gipno‘tizm qabilidan ta’sir berib, beixtiyor karnay tovushi chiqqan tomong‘a yugurtirar ekan. Shu munosabat bilan «Turon» va «Sharq» sahnalarining kartina belatlari chaqa pul bo‘lub, murod-maqsadga yetilar ekan. Mana ukajon, ko‘rdingizmi, karnay degan «Alt musiqiya»ning «Hikmati komediya»sini! Ko‘chaman-netaman deb o‘lturmangki, miyangiz to‘lsun va o‘zbek millatiga oz deganda bir mahalla musiqiyshunoslar yetishsun! Tort-ey, karnayingni, sadag‘ang ketay! Yangi sistem betaraflik Inqilob barakasinda hisobda ham bo‘lmag‘an allaqancha yangi sistem ajib, g‘arib ixtirolar yuz berdi va bermakdadirkim, bu yangi ajoyib aul-tarasha bozorlarni yozub ko‘rsatuv inson toqatidan favq bir ishdir. Butun dunyoning teatru bozorida, adabiyot tarixida ko‘rulmagan ravishda yangi nafis o‘zbak teatrulari, o‘zbak adabiyotlari, o‘zbak artistlari, muallimlari, munajjimlari, muhandis muhtari’lari, muharrir va imlochilari, qompozito‘r rassomlari, shupurgichi arobakashlari, qo‘yingchi, domlalarcha qilub so‘zni qisqartg‘anda va hokazo va hokazolari o‘zbaklarning yangi sistem sanoi nafisalari jumlasidandirlar… Allohdan baraka va davomini so‘rarg‘a kerakdurkim, o‘zbaklar bunday yangi sistem ixtirolarni hali ham kun sayin va daqiqa, soniya sayin yo‘qliq olamidan borliq dunyosig‘a chiqarub, aqllarni hayron, ko‘zlarni ko‘rmas, quloqlarni eshitmas, qo‘llarni tutmas, oyoqlarni yurmas, og‘zingdan kalava-kalava so‘lakaylaringni oquzib ba’zilarni hayvoni notiqaliqdan hayvoni g‘ayri notiqaliqg‘a aylantirmoqdadirlarkim, bu hol esa yangi sistem ixtirolarning asari maxsusai majdubai makshufai maxsusasidandurlar. O‘zbak eliga yana bir bashorat! Qanday bashorat? Juda ham kagga, juda ham sha’sha’ador bashorat. «Yangi sistem betaraflik» bashorati! Yana bir yangi ixtiro bashorati! Bashoratnomamizning va «Yangi sistem betaraflik»ning asl ixtiroig‘a sabab bo‘lg‘ani uchun asl masalaning jarayonidan qisqag‘ina bo‘lsa ham yozib o‘tayluk: Yodimdan ko‘tarilmagan bo‘lsa, «Qizil bayroq» gazetasining 131-raqamida «Ilmiy xidmat» lavhasi ostida «Birov» imzoli bir bechora («Qizil bayroq» ta’biricha ham bechoradir) mashhur «avantyurist» (bu ta’bir «Birov» birodarimnikidir) Munavvarning yangi imlog‘a qarshilig‘i uchun marhum nemisning bir yuz o‘n besh duymalik to‘pidan «avantyurist» ustiga shu kadar o‘q yog‘dirg‘an ediki, kaminangiz mazlum Munavvarni bu jahannam o‘ti ichida kuyub kul bo‘lg‘anlig‘ig‘a qaror qo‘yg‘an va beixtiyor tilimga «Inna lillahi va inna ilayhi roji’un» oyatini joriy qilg‘an edim. Ammo menim bu foli badim bekorga ketub oradan bir qancha vaqt o‘tar-o‘tmas «avantyurist» Munavvarning tirik qolg‘anlig‘i va maydonda o‘zining Nekalay davridan qolg‘an eski gurzisini ko‘tarub, javlon qilg‘anlig‘i ko‘rildi-da, Lahavla… o‘quy boshladim. Chindan ham bu, «avantyurist»ning «Birov» afandining jahannam hujumidan salomat qoluvining o‘zi ham Lahavla o‘qutdirarliq edi. «Avantyurist» Munavvar inqilobdan beri turli tomondan mushtum yeb, ammo churq etmay kelganlikdan men uni endi juda ham abjaq bo‘lub qolg‘andir deb o‘ylar edimki, ammo ish bu fikrimning tamomo aksi bo‘lub chiqdi. Andog‘ rivoyat qilurlarkim, Munavvar «avantyurist» maydonda javlon urdi, gurzisini salmog‘lab boshidan aylanturdi va na’ra tortdi. «Qizil bayroq» ta’biricha, bechora «Birov» o‘rtog‘imning ustiga andog‘ zarb urdiki, yerlar titradi, ko‘klar darz ketdi. Bir vaqt qarasam, «Qizil bayroq» maydonining o‘rtasida majruh «Birov» o‘rtog‘imni bag‘riga bosqan holda «Qizil bayroq» idorasi o‘lturadir. Idora atrofidag‘i tomoshachilarg‘a aytadir: «Bu muzoraba to‘g‘risida savol-javobni cho‘zub o‘lturmaslik uchun «Qizil bayroq» bundan keyin bu to‘g‘rida ikkinchi muzorabalarga yo‘l bermaydur. Shuning bilan birga betaraf bo‘lg‘an holda o‘zining fikrini bayon qiladur». Bu vaqt «Qizil bayroq» idorasining ko‘zi bag‘ridag‘i ko‘zini termulturub yotqan majruh «Birov»ga tushadir-da, ixtiyorsiz otaliq va og‘aliq ko‘z yoshisini to‘ka boshlaydur. Qarshisidag‘i «avantyurist»ga boqadir-da: «Siyosiy o‘yunchi» deydur. Bag‘ridag‘i majruhga qaraydir-da: «Bechora birovim, mazlum birovim» deydur, ho‘ngrab yig‘laydur. Yana achchig‘ig‘a chidolmay «avantyurist»ni qarg‘iy boshlaydur: «Hiylagar, makrchi, juvonmarg!» «Qizil bayroq» idorasi ko‘zidan yoshini oquza-oquza alla narsalarni so‘zlab, «avantyurist»ning zarbasini, «mantiqsizlik va zolimlik», deydir. Shuning ila «Qizil bayroq» o‘zining yuqorida so‘zlagan «Betaraf bo‘lg‘an holda» jumlasini unutub yuboradir-da, Munavvarga ochiqdan-ochiq hujum eta boshlaydir. Mana bu «betaraflik» o‘zimizning ota-bobodan qolg‘an eski betaraflik emas, «Yangi sistem betaraflik!» Bu — «Qizil bayroq» gazetasining yangi ixtiroyi, yangi ijodi! Yangi sistem betaraflik Mehnatkashlar tashkilotsiz yashay olmaydirlar. Bu mantiqiy bir so‘z. Butun o‘lkamizda biror mahkam tashkilotlik kasaba uyushmasi yo‘q. Magar bor bo‘lsa-da, u ham yakka va yagona Toshkanddagi ko‘nchilar tashkilotidir. Bu tashkilot bizning «milliy an’ana»larimizni oqizmay-tomizmay saqlab kelishi barobarida, uni keng suratda tarqatish uchun ham juda yaxshi tashabbus ko‘rsatmakdadir. Tangri ko‘nchilar tashabbusini samarasiz qoldirmasun!.. Bu yil dalalarni kim obod qildi? Bazmlar taraq; nog‘ora, chirmanda qars-vadavang; bachcha va bachchabozlik namuna bo‘larliq darajada el qoshida manzur etildi. Ko‘nchilar jumhuriyati bo‘lg‘an Ko‘kcha dahasining Musso‘linisi, Gardingi, Puanqarasi bor. Eski shahar militsa idoralarining ko‘nchilar harakatiga irod yetkizishga hech bir haqi yo‘q. Payshanba kechalari qiyquruqdan qo‘shni jumhuriyat xalqi mijja qoqa olmaydir. — Ha, nima g‘alva? — Qizil tirnoqlar tashkiloti o‘zining qanday mahkam tashkil topqanini ko‘rsatmakdadir. — Aniqmi? — Aniq! — Bo‘lmasa millat yashaydi, desang-chi. Namoyish… payshanba kuni Yangi shahar ko‘chalaridan arava-arava qizil tirnoqlar tashkiloti nog‘ora, chirmanda chalib, bachcha o‘ynatib ko‘cha aylanurlar. — Ha, nima gap? — Qizil tirnoqlarning aysh-ishratini yovrupoliq burodarlar ham ko‘rsun emish… Yoshlar, komsomollar deb qo‘ya qolay, bir kun Qo‘ylo‘qskiy ko‘chadan namoyish qilib o‘tub ketayotqan qizil tirnoq jamoatiga: «Bu ishingiz chetlar qoshida kulgi-ku», degan ekan, o‘shal on haligi komsomollardan biravi onasini uchqo‘rg‘ondan ko‘rgan. Afsus, yoz o‘tib, nog‘ora, chirmanda bilan bo‘ladurg‘an bazmning vaqti ketib boradir. Endi tor mehmonxonalarda dutor, tanbur bilan bazm qilish qanday ko‘ngilsiz… Nima chora, juvong‘a kokil solinib qo‘yulg‘andan keyin tor uyda ham keng fe’l boshlanib keta beradir. Shuning uchun «Ko‘nchilar tashkiloti yashasun!» deymiz. Yig‘indi gaplar O‘qug‘uchilar bilan dardlashmaganimga qariyb bir yarim oy bo‘ldi. — Qaysi burchakda uxlab qolding? — deb so‘rama, jiyan. Bu o‘lkada nima ko‘b ekan, uxlaydirg‘an burchak va unda o‘mpayib, to‘mpayib uxlag‘uchi menga o‘xshash ovsarlar! Men senga aytsam, o‘zbekning ishchisi, dehqoni, ma’orifi, madaniyati, iqtisodi, shaltay-baltayi, xullas, barchasi ham uxlaydi. Ammo o‘choqboshini xoli topqan olaqarg‘alar bo‘lsa, xo‘bam bilgan noma’qulchiligini qilayapti! Qilaversin, egasiga tovoq-qoshiq kerak bo‘lsa, axir bir kun qatron-patron qilib olar-ov, og‘ayni! Ish qilib o‘lmasdan bahorga chiqib olsaq bo‘pti… «O‘psa netar, yuvsa ketar», degan ekan ota-bobo. Men shu dunyodagi odamzodning kuydi-pishtisini temirtakda qiynab o‘ldursam deyman: — Yerlilashdirish! O‘zbeklashdirish! Falonchining vijdoniga kuydirgi chiqg‘anmi? O‘lib bo‘ldik-ku! (To‘ng‘iz qo‘psang yo‘q dedimmi!) Yaram yangilandi! Ko‘rchipqonimni kimning oldida yoray?! (Buvingni oldida yor!) Mahallamdan munchasi ishsiz, falonchasi och! (Och bo‘lsa kafanini hozirla!) Ko‘chaga chiqsang ko‘ringan kishidan eshitadirgan so‘zing shu. Qulog‘ingg‘a paxta tiqmasang, boshqa iloji yo‘q! — Voy o‘sha kuydi-pishtini yig‘ib, terib Egam chaqirsin! Hali-ku bu og‘zaki g‘ishg‘isha. Ammo kechagi kun gazetda Oxunboboyevdek bitta sarkoringdan ham fe’lim aynay yozdi. Hammadan ham buniki qiziq. Madanglik maorif xodimchilari qurultoyida ma’ruza o‘qib nima deydi, deng: — «Jumhuriyatimizda har 200 murassa’ chaqirim yerga, yoxud har 4909 odamg‘a bitta maktab bor. Yoki o‘qish yoshida bo‘lg‘an bolalarning har (emas, xo‘tuk) 979 tasiga bir maktab to‘g‘ri keladir!» Ana bu miyasi achimaganning gapiga qarang endi! Xudog‘a shukr, qorning to‘q, qayg‘ung yo‘q, bas, tinchkina faroyizxonlik qilmasdan oqsoqollig‘ingni qilaversang bo‘lmaydimi, usta Yo‘ldosh! Tuzik, chaqirim-paqirimingga manim ham qarshilig‘im yo‘q. Rahmatlik bo‘boy: «Sakkiz chaqirim bir tosh bo‘ladi, bir toshni yaxshi oting bo‘lsa bir soatda bosasan», deb aytar edi. Ikki yuz chaqiriming… hisobning kallasi minan 24 tosh bo‘lsa, haligidek oting chaman bo‘lmasa, bir qo‘nib ertasiga tush chog‘ida arang yetib borasan. Uloving eshak bo‘lsa-ku, niyatni safarga qilib, ro‘zangni bahuzur yeyaver! Gap qayerda edi, hali… ha, aytkandek har besh ming odamg‘a bitta maktab yoxud 979 tagina uyida enasini zeriktirgan go‘dakka bittagina ermak to‘g‘risida edi. Shu zamonadagi ba’zi odamlarg‘a ajab hayron qolaman. Bir ming bolag‘a bitta maktab bo‘lsa nima-yu, o‘n minggiga bita to‘g‘ri kelsa, sen bilan menga nima hasrat! Basharti muddao mirzaboshilarni ko‘paytirib, idoralarni yerlilashdirish bo‘lsa azbaroyi Lenin va Marks uzatkan oyoqingni yig‘ma! Ko‘chaga chiqsang har qadamda bitta mirzaboshi, hasratidan chang burqiydi: ish yo‘q, kuch yo‘q, o‘n to‘qquzta yerlilashkan idoradan hafta o‘tmay chirting-pirting qog‘ozini olibdir. Rostini aytsam, «Qul o‘lmas, rizqi kamimas» maqolini uncha-muncha odam to‘qib tashlamag‘an. Darhaqiqat, har besh mingiga bitta maktab bo‘lsa ham bechoralar yig‘lab, siqtab, yag‘iriga kul sepib, bir kunini ko‘rayapti. Buning ustiga kun sayin tappa-tappa kelib turg‘an beshik-belik va qadr, hurmatlik mehmonlarga ham sirrini bergani ma’lum emas. Endi bir minggiga bitta maktab tushkan har besh mingning xo‘tuklari ham bir kunini ko‘rib ketar, deb o‘ylaymiz. Bitta-yarimtaning o‘chog‘iga kosov bo‘lar yoki otboqarmi, axlat qoqarmi, ishqilib bir balo bo‘lar-ku! Bas, menga qolsa, mundog‘ mayda gaplarning qayg‘usini chekish hech arzimaydir. Ensamni qotirg‘an gaplarning yana bittasi anovi kun bo‘lib kechkan madanglik maorif xodimchilarining qurultoyidir. To‘g‘risini aytkanda, ziyonlilarni foydalik qilish masalasidir. Lekin ashaddiy qaxqahamga mujib bo‘lg‘an gap ham shunisi. O‘rtoq Akmalcha Cho‘lponboyning: degan she’ri bilan ziyonlilarining aftiga tufurgani holda yana nima uchundir imoni susayib, «Xezlar tavba-tazarru’ qilsa, firqaning quchog‘i ularga ochiq!» deb qo‘yadir. Darhaqiqat, xezlardan bittasi tavba qilib, istig‘for aytsa, Akmal jindak bu tavbaga ishonadimi, yo‘qmi, hozircha uning ichiga kirib chiqg‘an maxluq yo‘q. Biroq bunga ishonar ekan, Akmalingga aytadirgan ikki og‘iz gapim bor: Senga misol berish uchun Shayx Sa’diyning hikmatiga va yo Kalilaning Dimnasiga murojaat qilib o‘lturmayman. Misolni xudda naq mutakallimdan eshit: Men har kuni Xudog‘a to‘qquz martaba osiy bo‘lib, o‘n sakkiz martaba tavba va istig‘for aytaman. Isyonim bepoyon bo‘lg‘anidek, istig‘forim hadsiz va lekin isyonsiz qolg‘an soatimga juda oz uchrarman! Bas, onglag‘ilkim, ey Akmal! Tavbaga bo‘yin bukkan banda, bandalarning eng yaramasidir, qulliq bunyod qilg‘an rasvo-rasvolarning yana ashaddiy rasvosidir. O‘z butunlig‘ini saqlay olmag‘an, boshqag‘a en bo‘laoladir, degan gapni hech bir kitobda uchratolmadim. Aytmakchimanki, tavbasi boshini yesin, sen bo‘lsang ishingdan qolma, otingni chuh, de! Haqiqat oldida bo‘yin egish tovbadir, o‘zgasi g‘ovg‘adir! Shu oralardag‘i muhum hangamalarning yana bittasi «Milliy qo‘shinning firqa kanferensiyasi» deb arz qilsam, ehtimolki, hech kimning ko‘ngliga og‘ir kelmas. Nafsilamir, qilay desa ishi, yotay desa og‘rig‘i yo‘q yigitlarimizni basharti muvofiq ko‘rilsa va gazarmalaringiz bo‘sh bo‘lib, ko‘ngillariga gap kelmasa, qo‘llarig‘a miltiq topilmag‘anda ham bitta-bitta ketmandasta berib, qo‘ruqchilikka qabul qilish chakki bo‘lmas, deb xayol qilurmiz. Yana ra’yi o‘zlarinikidir. Er islohoti munosabati bilan O‘zbekistonda boshqa islohotlar ham yasalar emish, deb eshitdim. Darhaqiqat, mamlakatda islohotga muhtoj masalalar ko‘bdir. Masalan, kattalarga aql va basirat islohoti, muharrirlarga til va ma’no, shoirlarga ilhom va uslub (ma’no bo‘lmasa ham mayli), yoshlarg‘a axloq va kiyim, xotinlarga jabru zulm, domlalarg‘a din va salla, «Mushtum» yozishguchilarig‘a faqat shaxslarning yoqasiga yopisha berishlik va boshqa mavzular to‘g‘risida o‘ylab ham qaramaslik va hokazo islohotlarga nihoyat darajada ehtiyoj ko‘bdir. Yomon ko‘z Ba’zi-ba’zida «Turkiston» bilan «Yosh sharq» gazetalariga ko‘zim tushub qoladir. Nimalarga yo‘liqasan deng! Xudo ko‘zdan saqlasun. Gazetalarda qiziq-qiziq baytlar bosiladir. «Mamadanalar»ninggina og‘zidan chiqaturg‘an «to‘ti qush» gaplarini o‘shal baytlarda ko‘rasiz. Gapka muncha chechan bu haromilar?! «Falon maktabning falon sinf talabasi» deb qo‘l qo‘yilg‘andan keyin, albatta, uni yozg‘uchilar «ahli soqol» xudo bandalari emas, yosh go‘daklar, turkiy qilib aytsang, kichkina tirranchalar! Yosh bolag‘a kim qo‘yibdir kattalar turg‘anda og‘iz ochib, gap gapirishni? Zamonaning bolalari bu hikmatning ma’nisini bilarmi edi? Ular gapiraberadirlar. Bolaning ko‘b gapirganini «mamadana» deymiz. Mamadana bolalar ko‘pincha jinni bo‘ladirlar. Buning sababi-da shudirkim, bola «Ha» deb jovrab sayrab gapirabersa bir ochko‘z mo‘min boradi-da: «O‘sdirganingga balli, xo‘b sayrayturg‘an bo‘libdirmi?» deb, ko‘zini moylantirib bir qarab qo‘yadir. Bolaga ko‘z tegish shu bo‘ladir. Ana shu mo‘minning qarashi yomon ko‘z, ya’ni «badnazar» bo‘ladir. Yomon ko‘zdan saqlanish har bir mo‘minning vazifasi. Gazetalarni o‘qusangiz, kichkina-kichkina tirranchalarning gapka ustalig‘ig‘a hayron qolasiz. O‘shalar ham musulmon bolasi, mo‘min bandalarning o‘g‘li. Bittasini yaxshi taniyman: xuddi Pirmuhammad a’lam domlamizning maxdumlari. O‘shanday musulmon farzandlarini yomon ko‘zdan saqlash kerak. G‘araz: yelkalariga bitta-bitta tumor taqib qo‘yish qiyin ish emas. Yomon ko‘zdan saqlayturg‘an duolar, tumorlar, ko‘zminchoqlar to‘lub yotadir. Zomonaning oxiri, Kattalar jim-jit, Bolalar sayraydir. Shuning uchun aytkan-da, ota-bobolarimiz: «Kichkina mitti—Xonxo‘jani yiqitdi» deb… Yozishg‘uchilarimizg‘a «Mushtum» o‘zining yozishg‘uchilarining samimiyatini, dardini yaxshi biladir. Chunki dard bo‘lmasa, samimiyat bo‘lmasa, biz podachini qo‘lida kaltagi bilan ko‘rmas edik. Biz bu o‘rinda shu samimiy yo‘ldoshlarimizg‘a, qo‘ldoshlarimizg‘a bir-ikki og‘iz gap sotmoqchi bo‘lamiz: siz bir muhitda yashaysiz; ya’ni qishloqda, shaharda yoki ko‘yda. Shu o‘zingiz yashag‘an muhitda shubhasiz dag‘allik bor, qo‘pollik bor, qing‘irlik bor va qiyshiqlik bor. Shu anosiri arba’adan qaysi bo‘lsa bo‘lsin mutaoqib sizning ijtimoiy ruhingizga o‘zining chuchmal ta’sirini bermay va nafratingizni uyg‘otmay qo‘ymaydir. Albatta, shu vaqt «Mushtum»ni jo‘plab qo‘lingizg‘a qalam olasiz. Ammo shu qalam olishdan ilgari bir muncha andisha lozimdir, shoshmasliq kerakdir. «Shoshkan qiz erga yolchimas», maqolini balki eshitkaningiz bordir. O‘n karra o‘lchab, bir martaba kesmak yaxshi: 1) Siz olg‘an mavzu’ning ijtimoiy va siyosiy manfaati; 2) Qosh qo‘yib, evaziga ko‘z chiqarmaysizmi; 3) Masala zamirida shaxsiy manfaatingiz, ya’ni oldi-berdi janjalingiz yo‘qmi va boshqalardan ta’minotingiz bo‘lishi kerak. Bu jihatdan qanoatingiz tom bo‘lsa, endi navbat qalamnikidir. Yaxshi bilish kerakkim, qalam o‘qlog‘i va matbuot ketmon bozori emas. Yo‘sunsiz ravishda xotirg‘a kelgan har bir so‘zdan jumlalar to‘qimoq fazilat sanalmaydir. So‘z qolib, fikr uning ichiga qo‘yilg‘an g‘isht bo‘lsin, ko‘bchilik xumdonidan pishib chiqg‘ach, yangi hayot ayvoniga asos bo‘lib yotsin! Kulgi jurnalida ishtirok qilish bir oz nazokat talab qiladir. Chunki sizni nafratlandirgan, istehzolandirgan masala yoki shaxsni o‘z hayotidan, o‘z xususiyatidan olib, kulgi holig‘a qo‘yishingiz kerak. Ya’ni siz bu kulgulikni yasag‘an bo‘lib ko‘rinmang, balki o‘zi yasalg‘an bo‘lsin. O‘z holini o‘zi arz qilsin. Toki o‘qug‘uchingizgina emas, hatto kulgiga qolg‘an raqibingizni o‘zi ham chorasiz siz bilan birgalashib kulishmakka majbur bo‘lsin. Adabiyotda bir necha xil kulgi yo‘llari bo‘lsa ham (masalan: piching, kesatish, kinoya, tag‘oful va boshqalar…), lekin eng mo‘tabari xarakter kulgisidirkim, yuqorida aytib o‘tdik, ammo bunda quyidag‘i shartlarning topilishi kerak: 1) Qahramonning xarakteri (ya’ni sizning olg‘an masalangiz va yokim kishingizning o‘zidagina topilg‘an tabi’at), masalan: so‘z, ish, fe’l va… 2) Shu xarakteristika ichidan siz bermakchi bo‘lg‘an ma’no yoki ibratning o‘z-o‘zidan tomib turishi; 3) Shu ikki turlik narsa ichidan istehzo yokim xo-xo-xo moddasining tabiiy suratda kelib chiqishi. Bu o‘rinda masala yaxshi onglashilsin uchun bir misol beraylik: Toshpo‘lad aka mahalla kamissiyasidan o‘z ta’biricha bir qiyig‘ qog‘oz oladir-da, so‘yinib ketadir. «Ha, dedim, poshsholikka endi yigit kerak bo‘ptimi, dedim» deydir. Tahlil qilsaq bunda ko‘ramiz: a) Toshpo‘lad tajangning o‘z iborati so‘z xarakteri (ko‘rinishdan); b) Toshpo‘ladning och qolib, poshsholikdan ish kutishi (ma’nodan); v) Holbuki, bu qiyig‘ qog‘oz bilan uni ishka chaqirilmaydir, balki undan besh so‘m nalo‘k olinmoqchi (kulki). So‘z so‘ylashda va ulardan jumla tuzishda uzoq andisha kerak, yozguchining o‘zigina tushunib boshqalarning tushunmasligi katta ayb. Asli yozg‘uchiliq, aytmakchi bo‘lgan fikrni hammaga barobar onglata bilishda, orag‘a onglashilmovchiliq solmaslikdadir. Mundan boshqa, fikrning ifodasi xizmatiga yaramag‘an so‘z va jumlalarga yozuvda aslo o‘run berilmasligi lozim. Shundagina idoraning tuzatib bosishig‘a yo‘l qo‘ymagan va mustaqil uslub va ifodaga ega bo‘lib, o‘zingizning qalamdagi istiqbolingizni ta’min qilg‘an bo‘lursiz. Kishiga ishonish va behuda kuchanish ma’qul gap emas, biravga orqa qilib o‘zingizda bo‘lg‘an talantning ruhiga fotiha o‘quy ko‘rmangiz! Bir soatda emas, o‘n soatda yozish, bir qayta emas, o‘n qayta tuzatish kishining yordamig‘a termulishka qarag‘anda ham foydalik, ham umidlikdir. Mundan so‘ng «Mushtum»ni kichkina qilib chiqariladir. Ammo siz sig‘may qolishidan qo‘rqmay, yozg‘anlaringizni bizga yo‘llay beringiz. Yozishg‘uchi so‘filarimizda hunar bo‘lsa, xonaqoh hech bir vaqt torlik qilmas. «Mushtum» eskicha o‘g‘riliq, jaholat, zalolat va g‘ayrilar bilan kurashini davom etdiradir. Biroq mundan so‘ng ul tilga, san’atka, adabka rioyasini tom qilib, qo‘lidan kelgancha yosh talantlarni shu doirada o‘sdirishka tirishadir. «Ko‘mak» uyushmasiga ionalar Keyingi kunlarda «Ko‘mak» uyushmasiga berilgan ionalarning hisobi juda ham ko‘payib ketdi. Tushkan ionalarni uyushmaning bitta kassasi eplay olmag‘anliqdan ikkinchi kassa ochmoqqa majbur bo‘lindi. Keyingi oyda iona bergan saxiylarning ro‘yxati mundaydir: 1. Valihoji — besh milliard so‘mga arziyturg‘an duo. 2. G‘ulomshayx boybachcha — «O‘qushg‘a ketkan yigitlar mullo bo‘lsunlar» degan yaxshi tilak (baho qo‘yish komissiyasining so‘ziga qarag‘anda bu iona ham 5 milliardg‘a arzir ekan). 3. Azimboybachcha ko‘mirchi — sakkiz put toshko‘mir, 4. «Tujjor» shirkati — ikkita solol tovoq bilan bitta xurmacha. 5. «Qamar» shirkati — chorak qadoq olma choy. 6. Poyafzal bozoridag‘i do‘kondorlar o‘zaro — bir poy bachkana etik. 7. Chit bozorining do‘kondorlaridan — bir gazu uch chorak gazlama. 8. Attor og‘a-inilardan — ikki quti upa. 9. Qassobliqdan — besh dona o‘pka. 10. Qandolatchilardan — uch istakan pistashka bilan bir qadoq pashmak va boshqalar. Ushbulardan Berlin o‘qug‘uchilarimizg‘a yuborildi: Berlin talabalarimiz ortuqcha muhtoj bo‘lg‘anliqlaridan birinchi galda to‘rt put toshko‘mir, ikkita sopol tovoq, bir posilka duo yuborildi. «Mushtum» pochchamizga arz Pochcha! Bizdan hol-ahvol so‘rasangiz, biz Toshkand degan bir shaharda turamiz. Shahrimizni ba’zi keksalar «Shosh» deb, gazetchilar «Turkiston markazi» deb ham ataydirlar. Biz, mana shu «oynabandliq» shaharning «Eshonguzar» otliq mahallasida turub yarim beldan loy kechamiz, loy, pochcha! Mahallamizga tosh terilsa biz ham boshqalardek loyda sho‘ltillashdan qutulsaq, deb mundan uch yil ilgari «baladiya bo‘limi»ga ariza bergan edik. Lekin baladiyaning «ana-mana, erta-indin»lari bilan shu kungacha sabr qilub kelar edik. O‘tkan kun bir xushxabar eshitub «Ha, endi tuxumi og‘zig‘a kelibdir» deb chopishub baladiyaga borsaq: «Tosh Yunusobodg‘a terilur, sizniki keyinga qoldirildi» degan javobni berdilar. Keyin bilsaq, Yunusobodg‘a otbozorini chiqarilur ekan. Kechagina ur kaltak — sur kaltak bilan belgulangan otbozor bu kunga kelub oqsadimi, bu qaysi jinni qo‘yning kallasini yegandan chiqg‘an aql? Mana shu gapka nima deysiz, pochcha? «Mushtum» ta’rifida Tarixga bir aylanib qaralsa, mushtning ahamiyati zog‘ora nondek bo‘lib ko‘z o‘ngida gavdalanur. Ammo xoli hoziramizga ham ko‘z qirini tashlansa, musht degan hayvoni g‘ayri notiqning siyosatda podshoh, iqtisodda avliyo, fanda kimyo o‘rnini ishg‘ol etkanini ko‘rilur. Bularni ham bir yoqqa qo‘ya turib, mushtning ahamiyati muhimmasini o‘zimizning manavi mahalla-ko‘ydan qidirilsa taftishotga tag‘in ham yaqinroq turilg‘an bo‘linur: Mahalla-ko‘ylarimizda bitga-bitta bo‘yni yo‘g‘on — bo‘yni g‘avslar borlig‘ini har bir kimsa bilur va ularning mahalla ijtimoiyotida o‘ynayturg‘an ro‘llari ham katta-kichikka belgulukdir. Bizning tekshirish va kashfiyotimizcha asl xususiyat bo‘yni yo‘g‘onliqda bo‘lmay, uning zamiridagi mushtdadir va mushtumzo‘rliqdadir. Lekin bu ta’rif jahongir va burjuaziya faylasuflari nuqtai nazaridan bo‘lib, ammo proletariatning mushtka bo‘lg‘an nazariyasi buning aksidir. Jurnalimiz shu keyingi qo‘li qadoqlar sinfining «Mushtum»i bo‘lg‘anliqdan uning ma’nosi ham haligi ta’rifning tamoman teskarisidir. Bu «Mupggum» zo‘rliq mushtumi emas, haqliq mushtumidir; bu «Mushtum» — zolimlar mushtumi emas, mazlumlar mushtumidir. Shuning uchun buning ma’nosi ham boshqachadir. — Hammanikiga do‘lona yoqqanda, siznikiga devona yog‘di! — Qovun, deb ekkanimiz shung‘iya bo‘lub chiqdi! — Oltun qo‘ng‘uz deb maxtag‘anlari qora qo‘ng‘uz ekanki, ro‘molcha bilan burunni o‘rashga majbur bo‘ldiq… — Bog‘dan gapirsak — tog‘dan keladilar! — Ali, desak — bali, deydilar… — Shu yo‘sun: gulshan razolatda, gulzor safohatda, bozor siyosatda, maydon hamoqatda, boyimiz, mullamiz, eshonimiz, yoshimiz va moxovimiz, pesimiz sayru guluston etmoqda va jununi ma’rifat, fununi shaytanat vodiylarida masti-loya’qil kezmakdalar… Mana shunday «ovoni saodat»larda to‘rt tomondan mo‘ralab, el ichiga oralab, haqiqatni qoralab, yaxshidan yomonni saralab shaxsiy g‘arazdan sof, to‘g‘ri yurmaganga bop bir «Mushti purzo‘r»ga ehtiyoj sezildi va uzoq o‘ylab turilmay uzoq-yaqin, do‘st-dushmanlarimizning ko‘maklari umidida ushbu «Mushtum» jurnalining nashriga ham qaror berildi. Tumshug‘ingiz ustiga yangi mehmon muborak bo‘lsin, afandilar! «O‘tkan kunlar» ham «O‘tkan kunlar» tanqidi ustida ba’zi izohlar Menim «O‘tkan kunlar»im to‘g‘risida Sotti Husaynning katta tanqidi bosilib, yaqinda tamom bo‘ldikim, bu muhtaram «Sharq haqiqati» o‘qug‘uchilarining ma’lumidir. Ijtimoiy yosh olimimiz S. Husayn o‘zining ko‘b vaqtini sarf qilib, tanqidchiliq bobidag‘i birmuncha nuqsonlarimizni to‘ldurushqa buyuk jasorat va g‘ayrat ko‘rsatdikim, buning uchun biz, adabiyot muhiblari, S. Husaynga tashakkur aytishka, har doim bu yo‘lda unga moddiy va ma’naviy yordam berib turishka burchlimiz. Bundan birar yillar muqaddam o‘rtoq Sotti Husayn «O‘tkan kunlar»ni tanqid qilish niyatida bo‘lg‘anlig‘ini menga izhor qilib, yordam so‘rag‘anida, unga xursandligimni bildirgan, «Agar sen shu niyatingda sobit qolsang, tanqidchiliqdag‘i bir nuqsonimizni yo‘qotasan!» degan, kerakli ma’lumotlar berib, hatto meni ro‘mon yozishg‘a havaslandirgan Misr fuzalosidan ustoz Jo‘rji Zaydon bilan uni tanishtirib, Jo‘rji Zaydonning ro‘mon va g‘ayri asarlarini S. Husaynga tavsiya qilib va orzusi bo‘yincha tarjimai holimni ham yozib bergan edim. Darhaqiqat, siz va bizning vazifamiz bunday yosh, g‘ayur yigitlarga har doim dalda berishlikdir. Bu qadar katta va to‘la tanqidni ko‘rmagan xonandalardan ba’zilari (ehtimolki, menim yuzim uchun bo‘lsa kerak) «Zeriktirdi, mavzudan chiqdi, falon» kabi shikoyatda bo‘lindilarkim, bahorhol bu yo‘sun sathiy tushunish yoki bunday mufassal tanqidni o‘zbek matbuotida birinchi martaba ko‘rishdan yoxud munaqqidning bahsiga yaxshi tushunmaganlikdandir. Durust, birmuncha mavzudan chiqish kabi hollar ko‘rildi, ammo munaqqidning biloqasd mavzudan chiqishdag‘i maqsadi o‘zbek yosh yozg‘uchilarig‘a adabiyot bobida bir qadar dars berish, ularg‘a rahbarlik qilish edi, deb o‘ylayman. Boshqa jihatlarda tanqidchining qusuri ko‘rilar ekan, buning yoshlig‘ig‘a va tajribasizligiga havola qilish lozimdir. Mo‘tabar «Sharq haqiqati» gazetasining shu ustunlarini qoralashdan maqsadim S. Husaynning «O‘tkan kunlar»im to‘g‘risidag‘i tanqidig‘a javob berish falon bo‘lmay (chunki bu menim vazifamga kirmas deb o‘ylayman), balki sarlavhada ko‘rsatilgancha menga g‘aribroq tuyulg‘an bir necha nuqtalar ustida izohlar berishdir. So‘z cho‘zilmasin, o‘qug‘uchining qiymatli vaqti isrof bo‘lmasin, deb izohlamakchi bo‘lg‘an bir necha nuqtalarimni bandlarga ajratib yuritaman: 1. Tanqidchi — «Yusufbek hoji dabdurusdan isyon chiqaradi, ozg‘ina jarchilikdan so‘ng to‘polon boshlanib, urush bo‘lib ketadi» («Sharq haqiqati», 132-son) deb ajablanadir. Holbuki, o‘sha isyonning jarayoni aynan men yozg‘anchadir. Yolg‘on-yashig‘i yo‘q, isyon «dabdurusdan!» Materialistcha o‘ylag‘anda ham bu «dabdurusdan»ning sababi ochilsa kerak. Masalan, 70 kun muhosarada qolg‘an, ochiqg‘an, nonsiz bir xalqqa bundan yuz yil ilgarigi kurs bilan 32 tanga (bir yarim tilla barobari) soliq solinsin-chi, qanday tomosha bo‘lar ekan! Shunday kezlarda xalqqa bir rahbargina kerakdir. Shu rahbarlikni «dabdurusdan» Yusufbek hoji o‘tasa na ajab. 2. «O‘tkan kunlar»da ko‘prak qo‘llang‘an didaktika to‘g‘risida. Didaktika usulini ko‘prak qo‘llanishning sababi «O‘tkan kunlar»ning ommamizning saviyasiga qarab yozilishidandir. Ma’lumki, bizning omma to shu kungacha ham O‘rta asr doston va hikoyalari bilan oziqlanib keladir. Ommaning shu holini nazarga olg‘anda, barmoq bilan sanarliq besh-o‘ntagina (ular ham o‘z hunarlarida no‘noqlardirlar) yoshlarimiz uchun «so‘ngg‘i priyom»ni berish — tishi chiqmag‘an bolag‘a qurt shimitish kabi bo‘lar edi. Holbuki, bu eski priyom jo‘rtga, xalqimizning saviyasini e’tiborg‘a olib qabul qiling‘andir. Xalqning zavqini, ruhini nazarda tutilmasa, «so‘ngg‘i priyom» deb Yovruponing so‘ngg‘i mo‘dasini taqdim qilinsa, bundan nima ma’no chiqarib bo‘lar edi. Hattoki men «so‘ngg‘i priyom»lardan ba’zisini «O‘tkan kunlar»ga ertarak kirgizgan bo‘lsam kerakki, choyxonada o‘lturgan tanish bir dehqondan «Mullaka, shu Kumushbibining kitobini xo‘b yozg‘ansiz-ku, biroq, bu ba’zi yerida gapini xudda chovi aralash ushlaysiz-da, tushunib olg‘uncha enka-tenkamiz chiqdi-da!» deb «so‘ngg‘i priyom»dan shikoyat eshitkan edim. «O‘tkan kunlar»ni yozar ekanman, doim ko‘z o‘ngimda o‘qug‘uchi ommamiz turar edi. Men bu kitobim bilan xalqimiz rag‘batini bir oz bo‘lsa ham yangilikka tortay der edim. Shuning uchundirkim, hatto bir faslni tamom tashlab o‘tar ekanman, «Falon holni bundan so‘ngg‘i fasllarning birida o‘qursiz» kabi so‘z bilan o‘qug‘uchig‘a ta’minot berib qo‘yishqacha majburiyat sezar edim. Mashrabning «berdisini aytkuncha» kaltak yeb olg‘anini tushunar edim. Bu haqda hanuz bir fikrim bor: Modomiki, asar saviyasi o‘zimizga ma’lum shu xalq uchun yozilar ekan, yana birmuncha vaqt «so‘ng‘i priyom»lardan ko‘z yumib turish, oraliqda «so‘ngg‘i priyom»ni oz-oz qistira borish lozimdir. Na uchunkim, «so‘ngg‘i priyom»da yozilg‘an she’r va nasrlarimiz bir tabaqag‘ag‘ina xos bo‘lib qolaberg‘ani da’vomizg‘a dalildir. Vaqtoki, biz ko‘bchilik — ishchi va dehqon ommasi uchun yozar ekanmiz, «eski priyom» bilan yozadi, binoan alayhi bu yozg‘uchig‘a birinchi no‘mirni bermaymiz», deb qiling‘an tanqidlardan hurkmaymiz. 3. Tanqidda «didaktika» deb hissiy chekinish (liricheskoye otstupleniye)ni ham aralashtirilib yuborilg‘an. Masalan, «Men yozg‘uchi…» deb, kundash janjali to‘g‘risidag‘i o‘z hissiyotimni aytib o‘tar ekanman, hatto buni «yangi priyom»lar ham ma’fu sanab, yo‘l beradir. Bu «didaktika»dan boshqa gapdir. 4. Tanqidchi meni mantiqsizliqda ayblab kelib, misolg‘a — «Kumush qiz ekan, ota-onasi undan so‘ramay, rizolig‘ini olmay erga beradi, erdan chiqg‘andan so‘ng (Otabekdan soxta ajralg‘andan keyin) ikkinchi erga berishda ota-onasi Kumushning rizolig‘ini olamiz, deb ovora bo‘lishdilar. Bu mantiqsizliq A. Qodiriyning esiga kelmaydi, chunki shu mantiqsizliqni ishlamasa, ro‘monni boxlaydirg‘an ip chuvalib ketadi» («Sh. H» 137-son) deb o‘tadi. Holbuki, bu «mantiqsizliqka» turmush haqiqatig‘a qarab irtikob qiling‘andir. Zero, eski turmush aytadi: «Qumri qiz ekan, ota-onasining tanlashlari bilan erga chiqsin, bu odob, iffat taqozosi. Vaqtiki eri o‘ldi yoki erdan chiqdi, endilikda ota-onasinish uning er qilishida ixtiyorlari yo‘q, faqat ular maslahatchilargina (bu odat yigitlar ustida ham shunday. «O‘tkan kunlar»ning 1-bo‘lim 1-fasliga murojaat). Qizlari endilikda kuyovni o‘z ko‘zi bilan ko‘radi, uy-joylarini, kasbi korini tekshiradi — ung‘a ruxsat». Binobarin, «O‘tkan kunlar»dagi «mantiqsizliq» ham shu maqomdadir. Bunda munaqqid Sotti Husayn ma’fu. Zero, Kumushdan rizoliq so‘rash ustida ozg‘ina to‘xtab «didaktika» iste’mol qilsam ish tamom edi. Ammo men xalq orasida ma’lum va mashhur bu urf ustida «didaktika» yozishni luzumsiz topqan edim. Tanqidchi S. Husaynning bir fikriga men ham qo‘shilaman: yozg‘uchilarimiz va tanqidchilarimiz uchun xalq orasig‘a kirish, uning urf-odatig‘a garchi mashaqqat bo‘lsa ham vuquf hosil qilish lozimdir. 5. Xushro‘ybibi tanqidchig‘a g‘ayritabiiy (bo‘lmag‘an) tip bo‘lib ko‘rinadi. Boshqa tiplarni g‘ayritabiiyroq topilsa ham biroq ular ustida Xushro‘y kabi qat’iy hukm berilmaydir. Xushro‘yningtabiiyligini onglash uchun yana turmush kishilarini o‘rganish mashaqqatini zimmaga olish kerak. 6. Tanqidchi meni «O‘tkan kunlar» bilan o‘g‘ri qilmasa ham, lekin adabiyot o‘g‘rilari to‘g‘risida bahs qila kelib: «O‘tkan kunlar»ning ancha yeri Jo‘rji Zaydonning «Armanusa», «O‘n yettinchi ramazon» ro‘monlarig‘a o‘xshab ketsa ham, unda Abdulla Qodiriyning o‘z so‘zlari ham ko‘bdir» («Sh. H», 175-son) deydir. O‘qug‘uchilardan ba’zilari bu bilan shubhaga tushib, «O‘tkan kunlar»dagi Jo‘rji Zaydonning so‘zlari qaysi va sizning so‘zlaringiz qaysi?» deb menga murojaat kildilar. S. Husaynning yuqori va quyidag‘i yo‘llaridan bunday ma’no anglashilmag‘ani uchun ularg‘a «Oqilon payravi nuqat nakunad» javobini berish bilan kifoyalandim va hanuz shu fikrdaman. Shunga o‘xshash tanqidchi — yozuvda, tilda bir oz no‘noqroq va beparvo harakat qilsa kerakkim, uning jumlalaridan bir qismi izohga muhtoj ko‘rinadilar. Jumladan, tanqidchi, O‘ktabr inqilobi vaqtida menim holimdan dam urib, «A. Qodiriy bu o‘zgarishlar vaqtida hayot edi» («Sh. H.», 199-son) deb qo‘yadi. Albatta, bundan menim hozirda xoli hayotda bo‘lmag‘anlig‘imni (ya’ni o‘lganligimni) onglash to‘g‘ri bo‘lmaydir. 7. Otabekning ishqidan va umuman muhabbatdan bahs qilinib, «Ishq-muhabbat doimiy bo‘lmaydi» deyiladir. Bu fikrga men ham qo‘shulaman. Ammo ishqning besh-o‘n yilg‘a tortilishi aniqdir. Buning misollari hayotda behad ko‘b. Otabekning ishqi uch-yarim-to‘rt yilg‘ina. Bunday tinchsiz, hajr va firoqli sharoitda undan ham ko‘bga tortilishi ma’lum. 8. Ba’zan «Menim so‘zga ustalig‘im» to‘g‘risida hazm va qolibdan yuqoriroq madhlarda bo‘ling‘an — «Bu holni tasviriga qalam ojizdir» kabi uzrlarimni «Yolg‘on aytadi, so‘zga juda usta» degan kabi talqin qilinadir. Durust, menga qaraganda tuban kishilar uchun men «Juda ham so‘zni qotiradig‘an ko‘rinarman», biroq «O‘zimdan o‘tadi, o‘zim bilaman», deganlaridek, har kimning ahvoli o‘ziga ma’lumdir. Ba’zi ruhiy kechinmalar (perejivaniye) borki, kishi sezadi, tushunadi. Biroq shu holni qog‘ozga tushirmakchi bo‘ling‘anda so‘z topilmay, ifoda qilolmay hayratda qolinadi, noiloj ajzni iqror qilishg‘a, «qalamim ojizdir» deyishka majbur bo‘linadi. Menim «O‘tkan kunlar»dagi ajzlarim ham shu jumladandirlar. Izohotlarim yana bir band bilan bitadir. Yuqorida aytkanimcha tanqidchining har bir bahs va maqolasig‘a to‘xtash menim vazifam emas. 9. Tanqidchi: «Abdulla Qodiriy proletariat inqilobig‘a nisbatan uzoqroq kishidir. Chunki haqiqatan A. Qodiriy mayda burjuaziya yozuvchisidir. Uning sinfiy asosini belgilash tahlil vaqtida katta ahamiyatga egadir» («Sh. H.» 123-son), deb meiim sinfiy asosimni belgilashni o‘z tahlilining negiziga olmoqchi bo‘lsa ham, biroq anchagina uzun maqolada belgilash uchun qo‘li tegmagandek bo‘lib qoladir. (Yoki ul menim tarjimai holimni yozib, ijtimoiy ahvolimni belgiladimi, shahardan chetroqda turg‘anim jihatdan «Sh. H.»ni tartibli ololmayman. Yozg‘an bo‘lsa, meni afv qilsin). Menim qo‘limdag‘i gazetalarda faqat «Mayda burjuaziya vakili» debgina ketaberadir va gohi «A. Qodiriyni notarius va bankalar siqib qo‘ydi, o‘zi mayda burjuaziyadan tug‘ildi» («Sh. H.» 201-son), degandek ham bo‘ladir. Men shunga hayratda qoldimki (agar ijtimoiy ahvolimni belgilamagan bo‘lsa), menim tarjimai holim hammadan ham S. Husaynga ma’lum edi-ku, yana shu holda meni… Bunchalik lobar harakatni Sotti o‘rtoqning o‘zi «Chunki A. Qodiriy shunday mantiqsizliqdan ko‘z yummasa, ro‘monning ipi chuvalib ketadi», deb hukm qilg‘anicha, tanqidning ham ipi chuvalib ketishidan qo‘rqib qilmadimi yoki tanqidchi tasavvur qilg‘an «realizma» taqozosi shumi va yoki o‘z ta’biricha «Bu narsalar Julqunboyg‘a davrni, u yaqin turg‘an mayda burjuaziya sinfining ilgan xurjinining natijasidir»mi? Har holda tanqidning shu tarafi (basharti men gazeta sonlarini ko‘rmay kechirgan bo‘lmag‘animda), menim nazarimda nuqsonli sezildi. O‘rtoq Lenin haqiqatning ko‘ziga to‘g‘ri qarashqa o‘rgatadir. «Tavakkaltu alolloh»ni degan er — na talqonu na qalqonning g‘amin yer Mana bu bir juft bayt, o‘zimizning ota-bobodan qolib kelgan halol molimizdur. Ushbuni ham kim maniki, desa boshi o‘lumda, moli talondadur. Agar qo‘ni-qo‘shnilarning ko‘z olaytirishlaridan qo‘rqmay, doirani kengaytiribroq yuborsaq bu baytdan butun Sharqni ham nasibador qila olamiz. Ammo boshqalarg‘a yo‘l-yo‘ruq yo‘qdur. Chunonchi bu bir juft baytning ma’xazini tekshirsak, tarixning quloch-quloch ichkarisiga kirib ketamiz; varaq-varaq tarix hamoqat va shaqovatidan o‘quy-o‘quy nihoyat hazrat Odamga, nihoyat almisoqqa borub yetamiz. Roviylarning rivoyatiga qarag‘anda, almisoq kuni bir farishtaning qo‘lida: «Al-harakatu fal-baraka», ikkinchi farishtaning qo‘lida «Man tavakkal fatasaqqal» degan shiorlar ko‘tarilibdur. Shul vaqtda jarchi chaqiribdurkim: «Ey, arvohi bani Odam, ushbu ikki shiordan bittasini qabul qilishg‘a erklikdirsizlar!» — Olha… Qarabsizki arvohi millati najib o‘zbek «Man tavakkal fatasaqqal» shiorini ushlagan farishtaning ustiga tutdak to‘kulub: «Tavakkaltu alolloh»ni degan er: Na talqonu na qalqonning g‘amin yer! — degan baytni xo‘r bilan o‘qub yetti qat ko‘kni titratibdirlar. Bu tekshirishimiz, da’vomizni tarix bilan isbot qilish bo‘lub, ammo dalil va isbotni xalqimiz va tirikligimizning o‘zidan olg‘anda ish yana abjaq. Kimning og‘zig‘a quloq solsang «Bo‘lsa bo‘lar — bo‘lmasa g‘ovlab ketar», «Umaralixonu Ma’dalibek, taralagijdangu taralagijdang», qahramonlar bilan bitta-bitta tanishib boqsaq tag‘in ishlar joyida. — Muallimlarimiz: «Chalakam chatti yoram zuvalam zavzi kalam chanta?»ni bilib olg‘anlar-da, narigi yog‘ig‘a bir orqa tavakkul! — Ishchilarimiz og‘zidag‘i: «Qo‘li qadoq, peshonateri, ur kaltak — sur kaltak» so‘zi quloqlarni garang qilsa ham amalda ehe… — Xotunlarimiz: «Qozonda jiz-biz, o‘runda siz-biz» she’rini o‘quydirlar-da, natijada besh-oltita duvaraklar millat uchun hadya: ya’ni avlod, vatan, deysiz-da, qulbachchalarni! — «Ziyolik, yosh ko‘z ochg‘an va yangi fikr» — sarlavhasidagi muammolar eshitishimizga qarag‘anda «Millatga ilm kerak, ma’rifat kerak!» deb hovliqar emishlar-da, ishka kelganda «La havla va la quvvata illa billah…» — Toshmat akamizning burunlaridan ip taqilg‘an bo‘lsa ham hamon tavakkaltu alolloh… Bas, bu bir juft bayt har jihatdan ham biznikidir, bizning ila aljipsu va la bilimdir. «Tavakkaltu alolloh»ni degan er: Na talqonu na qalqonning g‘amin yer. «Tong sirlari» Ba’zi bir o‘rtoqlar Cho‘lponni yig‘loq deb aybsitadilar. Balki haqlari ham bordir, chunki uning: deb hasratlanishi bizning ko‘z o‘ngimizda “yig‘loq” bir shoirni gavdalantiradi. Biroq shoir shu to‘kkan ko‘z yoshlaridan chechaklar o‘stirmoqchi bo‘lmasa edi, biz ham uning muattarrizlari qatoriga kirgan bo‘lur edik. Anqov ta’nachilar shoirni ranjitsa-da, mudavomat qiladilar. Hatto, “Sen – ko‘k shoiri!” deguvchilar ham bo‘lib, chorasiz shoirni ularga o‘z holidan javob berishga majbur qiladilar: Oktyabr o‘zgarishi qora tunimizning tongini otdirdi esa-da, bu mudhish kechaning badnom ko‘lagalari hamon shoirning yuragini titratadilar va ul chor-nochor yig‘laydir… Shu yig‘i orasida barq urib ko‘ringan erk kuyoshi bu ko‘z yoshlardan “chechaklar ungusini” so‘zlaydi. Menimcha, “Tong sirlari”da ko‘ringan ko‘z yoshlarining siri shudir. Shu qisqa jumlada o‘qig‘uvchini bu kungi Cho‘lpon bilan tanishtira olgan bo‘lsam o‘zimni baxtli sanar edim. Julqunboy (Abdulla Qodiriy) «Yorqinoy» va «Hech kim bilmasun» 10 nchi sentabrda yozliq “Turon” sahnasida ikki pardali dramma “Yorqin oy” (Cho‘lpon asari), bir pardali “Hech kim bilmasun” (Julqunboy asari) o‘ynaldi. “Yorqin oy” pyesasi birinchi qo‘yilishida tanqid qilinib o‘tkan edi. o‘rtoq Julqunboy tomonidan yozilg‘an “Hech kim bilmasun” pyesasi mavzu’ mundarija yog‘idan tatarcha “Yoshlar aldatmaylar” kamediyasiga juda yaqindir. Har ikki asarning mavzuidan bahs etmay, ko‘bdan beri o‘ynab kelgan “O‘zbak davlat truppasi” artistlarini tanqid etib ketishni o‘runli deb bilaman. “Yorqin oy” drammasidan pyesaning qahramoni bo‘lg‘an “Yorqin oy” ro‘lin o‘ynag‘uchi M. Tutash o‘z ro‘lini ixlos bilan o‘ynab, sahnaga ruh berdi. M.Tutash ko‘bdan o‘zbak sahnasida yengil, hur o‘ynamog‘i bilan xalqning muhabbatin o‘ziga jalb etib kela edi. M.Tutashda tuzalishi mumkin bo‘lg‘an bir kamchilik bor: “Ajab olam” kabi aynli so‘zlarni g‘ayn bilan “g‘ajib, g‘olam”, “emas” kalimasi o‘rniga “tugal” qo‘llab tatarchalashturmasa, sahnada o‘zbak qizidan ajratib bo‘lmaydir. Yorqin oy holasining ro‘lini o‘ynag‘uchi Ashab Tutash o‘ynashi zararsiz, lekin har vaqt so‘zlaganda ovozini sekin chiqarib, xalqni “qattiqroq” deb qichqirtdiradir. Yorqinning otasi “O‘lmas botur” ro‘lin o‘ynag‘uchi Uyg‘ur drammalarda ko‘rsatkan kamchiligin bu yerda ham ko‘rsatdi. Uyg‘ur – o‘zbak sahnasining murabbiysi, to‘g‘risini aytkanda bobosidir. Shuning uchun Uyg‘urning qaysi ro‘llarda ixtisosi borlig‘in boshqa vaqt alohida yozarman. “Ahmad botur” ro‘lin o‘ynag‘uchi Abror drammalardagi botur, boshliq kabi jiddiy ro‘llarda yaxshi o‘ynab o‘zini tanitib keldi. Ayniqsa, bu kun “Yorqin oy” drammasida haqqila bir botur harakatin ko‘rsatdi. Novcha polvon ro‘linda o‘ynag‘uvchi o‘rtoq O‘tab o‘rtacha o‘ynadi. Yigit ro‘lida o‘ynag‘uchi Patxulla Olim o‘rtoqlar o‘z ro‘llarin yaxshi o‘ynadilar. “Norqul” ro‘lin o‘ynag‘uchi o‘rtoq Mannon bu ro‘lda juda muvaffaqiyat bilan o‘ynadi. Boshqa artistlarning ro‘li ahamiyatsiz bo‘lub, tanqidg‘a arzimaydir. “Hechkim bilmasun” kulgusidan “Uylang‘uchi chol” ro‘lin o‘ynag‘uchi Muzappar o‘rtoq chol bo‘la turib yosh qiz olishni istaguchi bir cholning tamsil mujassami bo‘lub chollarg‘a maxsus harakatlarni ustaliq bilan bajarib sahnani ruhlantirdi. “Ziyo” ro‘lin o‘ynag‘uvchi yosh artistlarimizdan o‘rtoq Karim tirishib, o‘z ro‘lin tushunub o‘ynag‘ani uchun tomoshachilarg‘a ta’sir qildira oldi. Shapoq maxdum — Source: https://wikisource.org (works of Abdulla Qodiriy). Downloaded from uzbekai.com.