Chiqib bozor aro poshshoyi tanga kirib o‘lturdi ketkan jon-tanga Abdulla Qodiriy Ana endi tuflab tugadurg‘an pullar ham chiqdi… Otangga rahmat, dadasi ko‘rgan! Man-ku, hali tangani ushlab ko‘rganim yo‘q, ammo o‘sha moyanaxo‘rlar yangi poshshoyi tangadan yigirmatasini bir qo‘lg‘a ushlab ikkinchi qo‘lg‘a qator tushursalar bormi, jiring‘-jiring‘, shaldir-shuldir-da! Tusingdan aylanayning ko‘rimi ham yaxshi, tovushi ham xuddi qizlarniki, bejirim… Devonaxoningizning bir tilagim bor ediki, endi ul ham bo‘ldi. Ya’ni o‘sha o‘roq bilan bolg‘ayu bir tutam boshoqni qog‘ozda emas, ana shunaqangi boshitoshdan bo‘lg‘an narsaning ustida ko‘rgim kelar edi. Shukr, o‘zim ushlay olmasam-da, og‘a-inilarning qo‘llarida ko‘rdim; og‘a-inilarning boshlari omon bo‘lsa shunaqangi ko‘rsatib yuraberarlar-ku, axir! Nima, manularning tangasini yeb qo‘yamanmi?.. Besh kundan so‘ng chaqaboy chiqsalar, o‘n kundan keyin tilla to‘ram ham chiqarlar, a? Endi biz ham boqqolning oldig‘a borib bir milliart, o‘n milliart deb og‘iz ko‘purtirish o‘rniga yelkamizni siqibgina: «Bir paqirga nosvoy, bir miriga savzi!» deb aytarmiz-ku. Berdiboy akam bo‘lsa: «E uka, bolshevoyingning pulidan xafa bo‘ldim-ku, hisobini bilish bir sari, kursiniga tushinish ikki sari… Bizlarga ota-bobodan qolg‘an chaqachamizni chiqarib bersin!» der edi. Man: Sabr qilsang g‘o‘radan holva bitar, Sabrsizlar o‘z oyog‘idan yitar. — deganimda, bir tilloyi pulini kursindan yiqilib tushub, o‘zining ancha zarar qilg‘anidan shikoyat qilar va «E, man, kursinidan zarar qilaberib bud-shudimdan ayrilib qolaymi, undan keyin bu itbachchalaringni kim boqadir, a?» deb manga piching qilar edi. Odamlarning qo‘lidag‘i pul bo‘lub yurgan tamg‘a qog‘ozlar endi ko‘zimga xuddi moxxovg‘a o‘xshab ko‘rinadir. Ammo man poshshoyi tangasiga qoyil-da! Chiqib bozor aro poshshoyi tanga, Kirib o‘lturdi ketkan jon-tanga! Keyingi misrani abjad hisobiga olsangiz ba ilmi karomat (1924) tarixi chiqar. — Source: https://wikisource.org/wiki/Chiqib_bozor_aro_poshshoyi_tanga_kirib_o%E2%80%98lturdi_ketkan_jon-tanga. Downloaded from uzbekai.com.