Dardi yo‘q — kessak, ishqi yo‘q — eshshak Abdulla Qodiriy — Kalnikiga oshg‘a-a-a-a!!! Gur-gur odam kalnikiga tuz yalab chopadir… — Ayiq polvon kurash tushadir, Jo‘ra qiziq maymun o‘ynatadir, Farg‘onadan Arava polvon keldi, Jizzaxdan It polvon keldi… Ko‘rubsizki, kurash o‘rnini ijaraga olg‘an zarg‘aldoq xo‘jalarning qilg‘an foydalari mindi-mindi… — Chet ellardagi o‘qug‘uchi yoshlarimiz foydasig‘a bu kun «Turon»da teatru qo‘yiladir! La havla va la quvvata… Toshkand musulmonlarini… yayzara yer yutubdir va yo katta-kichik og‘a-ini in-inlariga kirib ketibdir… Shunga o‘xshash «Sharq sahnasi» yaxshi niyat yorti mol, deb kino qo‘yar. «odamovi»larni yig‘moq uchun eshak hurkarlik qilib, tomg‘a to‘rtta karnay ham chiqaradir; lekin shunchalik attorchiliklar, «Surma ket, o‘sma ket»lar bir paqir; sahna xazinadorlarining og‘izlarig‘a pashsha o‘lturg‘an, o‘yunxona eshikidan «g‘ing» degan bir chibin uchmaydir. Shu soatda shaharning barcha choyxonalarida g‘ij-g‘ij churvaqa, lim-lim… buzoq: — Og‘zingmi, o‘rpilgan o‘rmi? — Basharangmi, badbaxtning dalasimi? — Ko‘zingmi, po‘stakning yirtig‘imi? — Engaxingmi, yo‘lg‘a chiqg‘an hindining…mi? — Xo, xo, xo! Topg‘an-tayang‘an sovutmachoq shu. Boshqa dastmoya yo‘q. Bangixonada «harb-zarb» olub yurguchi bir o‘rtog‘im nashaning tutuni gurkuragan choqlarda: Xarsak — marsak, dardi yo‘q — kessak ishqi yo‘q — eshshak! — deb bayt o‘qug‘an bo‘lub jovrar, man bo‘lsam «Bu nima degani tentakning» deb baytiga tushunolmas edim. Endi kelib-kelib bu baytning ma’nosini Eski shahar sahnalaridan topub mavridsiz bo‘lsada, o‘zim shu baytni yakkaxonlik qilmoqdaman: Dardi yo‘q — kessak, ishqi yo‘q — eshshak! Voqi’an, dard bo‘lmasa, ishq bo‘lmasa odamning kesakdan nima farqi bo‘lsin-u, eshakdan nima ayirmasi! Vallohi a’lam bissavob. — Source: https://wikisource.org/wiki/Dardi_yo%E2%80%98q_%E2%80%94_kessak%2C_ishqi_yo%E2%80%98q_%E2%80%94_eshshak. Downloaded from uzbekai.com.