«Ko‘mak» uyushmasiga ionalar Abdulla Qodiriy Keyingi kunlarda «Ko‘mak» uyushmasiga berilgan ionalarning hisobi juda ham ko‘payib ketdi. Tushkan ionalarni uyushmaning bitta kassasi eplay olmag‘anliqdan ikkinchi kassa ochmoqqa majbur bo‘lindi. Keyingi oyda iona bergan saxiylarning ro‘yxati mundaydir: 1. Valihoji — besh milliard so‘mga arziyturg‘an duo. 2. G‘ulomshayx boybachcha — «O‘qushg‘a ketkan yigitlar mullo bo‘lsunlar» degan yaxshi tilak (baho qo‘yish komissiyasining so‘ziga qarag‘anda bu iona ham 5 milliardg‘a arzir ekan). 3. Azimboybachcha ko‘mirchi — sakkiz put toshko‘mir, 4. «Tujjor» shirkati — ikkita solol tovoq bilan bitta xurmacha. 5. «Qamar» shirkati — chorak qadoq olma choy. 6. Poyafzal bozoridag‘i do‘kondorlar o‘zaro — bir poy bachkana etik. 7. Chit bozorining do‘kondorlaridan — bir gazu uch chorak gazlama. 8. Attor og‘a-inilardan — ikki quti upa. 9. Qassobliqdan — besh dona o‘pka. 10. Qandolatchilardan — uch istakan pistashka bilan bir qadoq pashmak va boshqalar. Ushbulardan Berlin o‘qug‘uchilarimizg‘a yuborildi: Berlin talabalarimiz ortuqcha muhtoj bo‘lg‘anliqlaridan birinchi galda to‘rt put toshko‘mir, ikkita sopol tovoq, bir posilka duo yuborildi. — Source: https://wikisource.org/wiki/%C2%ABKo%E2%80%98mak%C2%BB_uyushmasiga_ionalar. Downloaded from uzbekai.com.