Mochalov Abdulla Qodiriy Otingdan aylanay Mochalov… Ismi sharifingni eshitsam butun borlig‘img‘a sirqiroq kiradir, Mochalov!.. O‘tub ketdi o‘shal davrlaring: Eski shahar ko‘chalarida muborak vujuding ko‘rinib qolsa, homilalik xotunlar bola tashlar, yig‘loq bolalar yig‘idan to‘xtar, dag‘dag‘ai zolimonangni tatig‘an benavolar dir-dir qaltirar edilar. Qo‘lingda qamchin, belingda oshpichoq, shopdak murtingning ostidag‘i sassiq og‘zingdan «Qizingni… onangni… diningni… ota-bobongni…» degan zikri oliylar doim favvora urar edi. Eski shaharning yetti yosharidan to yetmish yosharig‘acha saning so‘kug‘ingda, tepug‘ingda edilar. Balki qo‘msarsan o‘shal kunlaringni? Albatta, qo‘msaysan. Boshqalarini qo‘msamasangda iftrovoy gildi ko‘paslar mehmonxonasida yegan palovlaringni, norinlaringni qo‘msaysan. Pudratchilar, zavodchilar uylarida ichkan aroqlaringni, hafta sayin qozilardan kelib turaturg‘an paketlarni, ayniqsa 1916 yil rabochiy voqeasida davlatxonangga arz-dod uchun borg‘anlarni otib, gunohsiz qonlarni suv o‘rnig‘a ichishlaringni qo‘msaysan! Falakning gardishi qurib uyi kuysunki, saning mash’um kunlaringni qaytub kelmaslik etub, tuzatdi. Buning bilangina qolmay, tinchkina ishlab turg‘an issig‘ o‘rningni sovutdi-da, turmaga ketirib tiqdi. Falakat ulug‘, foji’a katta… Bu kun insofi yo‘q, rahmi oz (go‘yoki o‘zing) Toshkand musulmonlarining borlig‘i deyarlik sanga da’vogar! Ey falak, uying kuysun falak. Mochalov to‘raga o‘shal davlatlarni o‘zing bermadingmi? Endi bechoraning qarig‘an kunlarida bu yanglig‘ sarson, bunchalik sargardon qilishingda qanday hikmat bor? Qayg‘urma, to‘ram. Ko‘bchilik emasmi, balki shavkatlik kunlaring-da issig‘ingni ko‘rganlar himoyangda bo‘lurlar. Agar ishing chappa ketsa, joning jannatda bo‘lsun!.. — Source: https://wikisource.org/wiki/Mochalov. Downloaded from uzbekai.com.