Nima qayoqqa ketadir Abdulla Qodiriy Ishchining topqani xo‘jayinning xaltasig‘a ketadi. Sovdagarning topqani o‘g‘ul to‘yisig‘a ketadi. Toshkand ko‘nchilarining topqani qishliq to‘kma bilan yozliq gapka ketadi. Qimorbozning topqani gartkam bilan to‘rtta oshiqqa ketadi. Bedanabozning topqani tariqqa ketadi. Muridning topqani eshonga ketadi. Eshonning topqani sakkizta xotung‘a ketadi. Xotunlarning topqanlari issiq-sovuqchi domlag‘a ketadi. Boybachchaning topqani «Turkvino» bilan barishnaxonlarg‘a ketadi. Yoshlarning topqanlari upa-elik bilan o‘sma-surmalarga ketadi. Eski shahar ispolqo‘mining topqani har xil yuqori shefstvolarga ketadi. Baladiya bo‘limining topqani xizmatchilarning maoshiga ketadi. Vaqf sho‘basining topqani idorasini bejash uchun qip-qizil gilamlarga ketadi. Otning topqani eshakka ketadi. Bo‘rining topqani tulkiga ketadi. «Mushtum»ning topqani turkistonliklarning tumshug‘iga ketadi. Ushbularning o‘qug‘an kishining dami — dambalig‘a ketadi! Bizning topqanimiz achchiq-tiziqqa ketadi! — deb, Mulla Julqunboy yozdilar. — Source: https://wikisource.org/wiki/Nima_qayoqqa_ketadir. Downloaded from uzbekai.com.