Abdurauf Fitrat Abdurauf Fitrat Ahmad Yassaviy Ahmad Yassaviy to‘g‘risida matbuotimizda bir-ikki yo‘la gaplar bo‘lub o‘tgan edi. Lekin, ular quruq maxtashlar ham anchagina falsafalardan to‘ldirilg‘an; shuning uchun Ahmad Yassaviyning hikmatlarini bo‘lg‘ani kabi tasvir qilib berish xizmatidan ojiz maqolalar edilar. O‘zbek adabiyoti tarixini yozib turg‘anim munosabati bilan Ahmad Yassaviy bilan ancha mashg‘ul bo‘lushg‘a to‘g‘ri keldi. Mana shu mashg‘uliyatlarning qisqag‘ina bir xulosasini «Maorif va o‘qitg‘uchi» jurnalining o‘qig‘uchilarig‘a arz etishni munosib ko‘rdim. Tasavvuf to‘g‘risida Arab bo‘lmag‘an o‘lkalarni din ismidan istilo etgan arablarning diniy ham milliy taassublari, mahalliy din, mahalliy madaniyatg‘a qarshu islom ismidan qattig‘ kurashlari, arab bo‘lmag‘an millatlarg‘a g‘o‘r qarab tahqir qilishlari (ayniqsa, umaviylar zamonida) arab-xalifat saroyining og‘ir isrofli chiqimlari, arab voliylari ham shunlarning dumlari bo‘lub yashag‘an mahalliy xonlar, beklarning og‘ir talablari ostida xalq, ayniqsa, mustamlaka xalqi so‘ng daraja ezilg‘an edi. Mana shu ezilishdan tug‘ulg‘an umumiy noroziliklar islomning to burung‘i zamonlaridan boshlab turli siyosiy, diniy oqimlarg‘a, muxolifatlarg‘a yo‘l ochib, shunlarning kengayishiga sabab bo‘lg‘an. Mana shul muxolifat oqimlarining eng kattasi, eng kengi ham juda ustasi o‘zining asoslarini islom taassubi ostida ezilg‘an mahalliy e’tiqodlardan olib maydong‘a chiqqan tasavvuf oqimidir. Tasavvuf oqimining ustaligi uning sekinlik bilan, muxolifatni sezdirmasdan yurushidadir. Jomiy, Ibni Arabiy, Abdulkarim xalifa kabi e’tiborli tasavvuf muharrirlarining ko‘rsatganlariga ko‘ra tasavvufning turli darajalari, turli manzaralari bor (yozib turg‘anim o‘zbek adabiyoti tarixida bu to‘g‘rida mufassal ma’lumot bor). Yuqorida deganim kabi tasavvuf maslagi mustamlakachilarning mahkumlarg‘a qilg‘an adolatsizliqlaridan ham bu adolatsizliqning diniy taassubg‘a, dinga tayang‘anidan chiqg‘an aksi ta’siridir. Shuning uchun tasavvufning yuqori pog‘onalarida, yuqori bosqichlarida diniy taassubg‘a, ding‘a, shari’atga qarshu unsurlarning borlig‘i, ko‘blig‘i aniqdir. Tasavvuf maslakiga kirganlar birinchi bosqichda islomning butun hukmlarig‘a, axloq, ibodat, e’tiqodg‘a oid bo‘lg‘an butun dasturlarini qabul qilib kirganlari holda so‘ng bosqichlarg‘a to‘g‘ri kelgach bularning hammasidan, hech narsa sezmasdan uzoqlashib qoladilar. Qiyomat, me’roj, jannat, jahannam, tahorat, namoz kabi islom dasturlarini ta’vil qiladilar, ularga o‘zlaricha ma’no beradilar. Bu ishlar shuncha ustalik bilan boradirkim, «murid» oxirg‘i manzilga yetkancha qayoqqa borib turg‘anini sezmay qoladi. Tasavvuf islom o‘lkasida to islomning burung‘i asrlaridan ko‘runa boshlag‘an. Hijriy ikkinchi asrda Shaqiq Balxiy, Ibrohim Adham kabi mashhur tasavvuf namoyandalari Turkiston o‘lkasida yetisha boshlag‘an edilar. Yassaviy kim bo‘lg‘an? Hijriy beshinchi asrda Eronning Hamadon shahrig‘a yaqin bir o‘runda tug‘ulg‘an Yusuf Hamadoniy degan bir odam diniy ilmlarni o‘rganib, katta shuhrat egasi bo‘lg‘ach, tasavvufg‘a ham berilg‘an edi. Mana shul mulla-mutasavvif Marv, Buxoro, Samarkent (Samarqand) shaharlarida xonaqohlar qurub shayxliq qila boshlaydi. Bizning Ahmad Yassaviyimiz ham mana shul Yusuf Hamadoniyning muridi, uchunchi xalfasidir. Ahmad Yassaviy, bir rivoyatga ko‘ra Yassi (bugungi Turkiston) shahrida, bir rivoyatga ko‘ra Sayramda tug‘ulg‘an. Uning qachon tug‘ulishi ma’lum emas. Biroq vafotining hijriy 562 da bo‘lg‘anini hamda «Devoni hikmat»idagi shu: To‘rt yuz yildan keyin chiqib ummat bo‘lg‘ay, Necha yillar yurub xalqqa xizmat qilg‘ay — baytini nazarda tutib, har holda uning hijriy to‘rtinchi asrning ikkinchi yarmnda tug‘ulg‘anig‘a hukm qilish mumkindir. Yassaviyning otasi Shayx Ibrohim ismli eshon bo‘lub, uning yoshligida o‘lgan. Yatim qolg‘an Yassaviy u zamonning mashhur shayxlaridats Arslonbobdan (boshlang‘ich tarbiya) olg‘an. Arslonbob o‘lgandan keyin bizning Yassaviy pir izlab Buxoroga kelgan, yuqorida yozg‘animiz Yusuf Hamadoniyg‘a uchrab, shunga murid bo‘lg‘an. Yusuf Hamadoniy o‘lgandan so‘ng uchinchi xalfasi bo‘lub shayxliq qilg‘an. Bir ozdan so‘ng Buxoro shayxlignni Yusuf Hamadoniyning to‘rtunchi xalfasi bo‘lgan Abdulxoliq G‘ijduvoniyg‘a topshirib, o‘zi Yassig‘a qaytg‘an. Onda dala xalqidan ko‘b murid yig‘ib, xonaqoh ochib shayxliq qilg‘an. Yassaviyning fors adabiyoti vazn va uslubida emas, turk milliy vaznida, xalq adabiyoti uslubida yozg‘ani mana shul Yassiga qaytib, dala xalqidan muridlar to‘plag‘anidan keyin boshlang‘an bo‘lsa kerak. Yassaviy oltmish uch yoshiga kirgach, xonaqohda yer osti(dan) bir chillaxona qozdirib, shunga kirgan va dunyodan aloqasini kesgan kabi ko‘runub shayxliqni davom ettirgan ham shunda o‘lgan. Vafoti hijriy 562 nchi yildadir. Hikmatlari Ahmad Yassaviy she’rlarining har parchasiga «hikmat» unvoni berilgan, to‘planib kitob(ning) shakliga keltirilgan. Bu kun oramizda bu kitobning bir ko‘b qo‘lyozma nusxalari bo‘lg‘ani kabi Toshkent, Istanbul, Qozon shaharlarida bosilg‘an bosma nusxalari ham ko‘bdir. Ahmad Yassaviyning bu asari hijriy beshinchi-oltinchi asrning adabiy bir yemishi, ya’ni mashhur «Qutadg‘u bilig» kitobidan bir asr so‘ngra «Hibat ul-haqoyiq» kitobi bilan bir asrda yozilmish bo‘lg‘ani uchun adabiyot, ayniqsa, el tariximiz uchun katta ahamiyatliq asarlaridan sanalsa kerak edi. Hijriy beshinchi-oltinchi asrda yozilg‘an turkcha asarlarning ozlig‘ini ko‘zga olg‘animizda bu asarning qiymati yana ortg‘an bo‘lur edi. Lekin baxtga qarshu mas’alaning shu tomoni kutganimizdan biroz boshqachadir: «Devoni hikmat»ning bu kun ma’lum bo‘lg‘an nusxalarining hammasi so‘ng zamonlarda yozilg‘an nusxalardir. Uning Yassaviy zamonig‘a yaqin bir zamonda yozilg‘an bir nusxasi maydonda yo‘q. Bukun «Devoni hikmat»lardag‘i parcha haqiqatan Yassaviynikimi? Undan so‘ngra davom etgan shogirdlari, muridlari uning otig‘a ba’zi parchalar yozib tarqatmadilarmi? Bu kun(gi) «Devoni hikmat»ning hammasi, hech bo‘lmag‘anda bir qismi so‘ng zamonda yetishkan mana shunaqa shogirdlarining asarlari emasmi? «Bu kun ilm dunyosida ma’lum «Devoni hikmat»larni mana shunday shubhalar ostiga qoldirish mumkin. «Devoni hikmat»ning Yassaviy zamonig‘a yaqin bir zamonda yozilg‘an biror nusxasi topilmaguncha, bu shubhalarni yo‘qotish mumkin emas. Bu shubhalar yo‘qolmag‘uncha, ma’lum «Devoni hikmat»larni til tarixi qarashidan tekshirishdan ilmiy bir natija chiqmaydi». Yassaviyning ta’siri … O‘tgan shoirlar, adiblar, so‘filar orasida Yassaviy qadar o‘z ta’sirini kengaytgan bir kishini uchratib bo‘lmaydi. O‘rta Osiyoning shayxlari, eshonlari Yassaviyni o‘zlariga pir, ustoz deb taniydirlar. Ahmad Yassaviydan keyin uning uslubida she’r yozmoq turk shayxlari orasida «mo‘da» shakliga kirgan. Bular uslub, vazn, mafkura yog‘idan Yassaviyni aynan taqlid qilib «hikmat»lar yozgan va bu hikmatlarni machitlarda «jahr» kunlarida o‘qutg‘anlar. Uning maslagida bo‘lg‘an Mansur ota, Abdumalik ota, Toj xo‘ja, Said ota, Sulaymon ota, Zangi ota, Uzun Hasan ota, Ismoyil ota, Ishoq ota, Sadr ota, Badr ota, Ali shayx, Mahdud shayx, Qamol shayx, Xodim shayx, Halil ota kabi shayxlar, ehtimolkim, shu yo‘lda hikmatlar yozdilar. Lekin bularning asarlari bu kun maydonda qolmag‘an. Yolg‘uz hakim Sulaymon otaning hikmatlari mashhurdir. Ahmad Yassaviyni ta’qib etgan kishilardan bizga ma’lum bo‘lg‘anlaridan biri hijriy 1263 da vafot qilg‘an Azim Xo‘jadirkim, hikmatlari hijriy 1312 da Toshkentda «Hikmati eshoni Azim Xo‘ja» unvoni bilan tosh bosmada bosdirilg‘andir. «Devoni hikmat»ning Istanbul bosmasida Yusuf Bayzaviy, Qozon bosmasida Qul G‘arib taxalluslari borkim, bular Ahmad Yassaviy maktabida yetishkan shoirlardir. Yolg‘uz O‘rta Osiyoda emas, totorlar orasida ham Yassaviy bilan uning shogirdlari Sulaymon otaning katta e’tiborlari bo‘lg‘an, ularning hikmatlari xalq orasida qo‘ldan-qo‘lga yurub o‘qulg‘an, hatto necha daf’alar bosilib tarqatilg‘an. Totorlar orasida juda mashhur va mo‘tabar bo‘lgan «Badavom»da Yassaviy hikmatlarining shakli ko‘runib turgani kabi Yassaviy ham Sulaymon ota uslublarida xalq she’rlari ham bo‘lub o‘tkan (Totor adabiyoti tarixi. Feo‘dalizm davri. Ikkinchi bosma. A. Rahim, A. Aziz, b. 140). Ozari(y)larning mashhur mutasavvif shoirlari bo‘lg‘an Sayid Imod Nasimiy, turkman xalq shoiri Maxtumqulining, usmonli xalq mutasavvif shoirlarining Ahmad Yassaviydan ta’sirlanganlari ilm dunyosida ma’lumdir. Bulardan oxirgisini keng bir shaklda izoh qilmoq uchun usmonli olimi Ko‘pruluzoda o‘zining kitobini yozib chiqardikim, adabiyotimizning tarixi bilan qiziqqan kishilarga mutolaasi lozimdir. Yassaviy asarlarining buncha keng doirada yoyilib o‘qulg‘ani ham taqlid etilg‘ani, turkiy xalqlarning ommasi aro hayot va ong tomondan «bir turlilik»ning davom etkaniga dalil bo‘lsa kerak. Yassaviyning muhiti Yassaviyning hijriy beshinchi asrning oxirlarida yetishib, oltinchi asrning oxirlarigacha yashaganin yuqorida ko‘rgan edik. Yassaviyning mafkurasini ochiq ko‘rish uchun O‘rta Osiyoning hijriy beshinchi-oltinchi (milodiy 11 nchi—12 nchi) asrlardag‘i hollarining xulosasini qisqacha tasvir etmak lozimdir. Markazlari Buxoroda bo‘lg‘an somoniylar hukumati hijriy 4-asrning yarimlarida kuchsizlana boshlag‘an. Qashg‘ardag‘i qoraxoniylar hukumati tez-tez O‘rta Osiyog‘a hujumga kirishkan, somoniylar sulolasi tamom bo‘lgandan so‘ng O‘rta Osiyo qoraxoniylar tomonidan idora etila boshlandi. Shul kunlarda Buxoro qashqarliq Ilikxon qo‘lida bo‘lsa ham uning Samarqand, Kesh (Qarshi — Behbudiy) ham Qo‘qon viloyatlaridag‘i hokimiyati hech edi. Munda har bir voliy o‘zboshincha ishlar edi. Ba’zan bu voliylardan to‘rt-beshtalari birlashib, Mahmud G‘aznaviydan yordam olib, Ilikxonga hujum qilar edilar. Qoraxoniy sulolasi zamonida hukmdor bitta emas edi. Ko‘chmanchi, yarim ko‘chmanchi xalqlarning hammasida bo‘lg‘anidek, qoraxoniylar xam boshda muxtoriyati kichkina viloyatlarg‘a bo‘ling‘an, so‘ngralari bulardan har biri mustaqil o‘lkalar sanalg‘an, bularning o‘zaro chegaralari tez-tez o‘zgarib turg‘an, ko‘brak o‘zaro urushlar bilan ham mashg‘ul bo‘lg‘anlar. U zamonlar qoraxoniylar musulmon urug‘laridan edilar. Bular mana shul hollarda yashag‘anda «kofir» turklardan qoraxitoylarning hujumlarig‘a har vaqt uchrab keldilar. Milodiy o‘n ikkinchi (hijriy oltinchi) asrda qoraxitoylar O‘rta Osiyoni istilo qildilar. Qoraxitoylar ham istilo qilg‘anlari o‘lkalarni mahalliy feo‘dallarg‘a topshirib, oliy hokimiyatinigina o‘z qo‘llarida saqlag‘an edilar. 12-asrda Buxoroda eng katta boy va mulla bir oila hukum surardikim, bularga «al-Burhon» yoxud «sadr»lar unvoni berilgan edi. Bular boshda qoraxoniylarg‘a tobe’ edilar. Qoraxitoylar kelgach, «sadr» Hisomutdin Umarni o‘ldurub, bularni o‘zlarig‘a qaratg‘an. Bu «sadr»lar hukumatining yonida qoraxi-toylarning bir vakili turar edi. Beshinchi-oltinchi asrlarda davom etgan bu tortishmalar, janjallarning zarari beklar, aslzoda boylar ham ularning quyruqlari bo‘lg‘anlarg‘a qarag‘anda ko‘brak tuban sinf, qora xalq atalg‘an ommaga zarar berar edi. Uzun surgan urushlarda ekin yerlarning yemirilishi, chorvalarning yoyloqsiz qolishi, bir ko‘b kishilarning yurtidan haydalishi, bir ko‘b oilalarning boshliqsiz bo‘lub qolishlari tabi’iydir. Ancha muddat bu holda qolg‘an ommaning qayg‘ularg‘a botib, hayotdan bezib, qalin bir umidsizlikka tushmag‘anlig‘ini da’vo qilib bo‘lmaydir. Mafkurasi Mana bizning Ahmad Yassaviyning adabiy faoliyati shul jabrlanib, hayotdan bezib, umidsizlang‘an sinf orasida bo‘ldi. Yassaviy jamiyatning yuqoridag‘i voqialardan zararlanmag‘an, balki foyda qilg‘uvchi beklar, oqsuyaklar, askar boshliqlari ham shunlarning quyruqlari bo‘lib yashag‘an mulla, eshonlar qatorida bo‘lmadi; mazlum sinfning orasida bo‘ldi. Shularning qayg‘ulari bilan yig‘lashga majbur bo‘ldi ham yig‘ladi. Yassaviy u zamonning hokim sinfini ayrim guruh unvonlari bilan atab, bir guruhning adresiga qattig‘ so‘kushlar taqdim qiladi: Dunyo manim deganlar, jahon molin olg‘anlar, Karkas qushdek bo‘lubon ul haromg‘a botmishlar. Mulla, mufti bo‘lg‘anlar, nohaq da’vo qilg‘anlar, Oqni qaro qilg‘anlar, ul tomuqqa kirmishlar. Qozi-imom bo‘lg‘anlar, nohaq da’vo qilg‘anlar, Ximor yanglig‘ bo‘lubon yuk ostida qolmishlar. Harom yegan hokimlar, rishvat olib yegonlar, O‘z barmog‘in tishlabon qo‘rqub, qurub qolmishlar, Totlig‘ taxtda o‘lturg‘an tufroq aro yotmishlar. Domi tasvir qo‘yub xalqni yo‘ldan urduk, Shayxliq qilib riyo bilan do‘kon qurduk. Ishrat qilib shayton birla davron surduk, Diydorng‘a seni ne deb ravo qilsun. Eshonu shayx, xo‘ja, mulla dunyo izlar, Ul sababdin podshohlarg‘a yolg‘on so‘zlar. Oyat, hadis so‘zin qo‘yub molni ko‘zlar, (Haq yo‘lida hargiz mehnat tortqoni yo‘q). Oxir zamon olimlari zolim bo‘ldi, Xushomadni aytkuchilar olim bo‘ldi. Haqni aytg‘an darvishlarg‘a g‘anim bo‘ldi, Ajab shumlik zamonalar bo‘ldi, do‘stlar. Podshohlarda, vazirlarda adolat yo‘q, Dunyo uchun bir-birig‘a qilmas shafqat. Zolimlarg‘a asir bo‘lub qoldim mano. Ul sababdin podshoh qilur menga jafo. Oxir zamon bo‘lg‘andir; podshoh zolim bo‘lg‘andir, Harom, shubha to‘lg‘andir, hayron qolur Xo‘jahmad. Yassavny zamonining ezilg‘an yo‘qsul sinfiga «g‘arib, yatim, faqir» unvonlari beradi, o‘zini ularning homiysi kabi ko‘rsatishga tirishadi: G‘arib, faqir, yatimlarning boshin silab, Ko‘ngli qagtig‘ xaloyiqdin qochdim mano. G‘arib, faqir, yatimlarni qilg‘il shodmon, Xulqlar qilib aziz joning qilg‘il qurbon. G‘arib, faqir, yatimlarni har kim so‘rar, Rozi bo‘lur ul bandadin parvardigor. Yassaviyning bu mavzudagi parchalari orasida: Yatimni ko‘rsangiz og‘ritmangizlar, G‘aribni ko‘rsangiz dog‘ etmangizlar. Yatimlar bu jahonda xor ekandir, G‘ariblarning ishi dushvor ekandir. G‘ariblarning ishi doim sulukdir, Tirik ermas, yatim misli o‘lukdir. Ham: G‘ariblarni ko‘rgan yerda og‘ritmangiz, Yatimlarga achchig‘lanib so‘z qotmangiz. Za’if ko‘rub, g‘ariblarga tosh otmangiz, Bu dunyoda g‘ariblikdek balo bo‘lmas parchalari kabi samimiy, yoniq fig‘onlar ham bordir. Biz Yassaviyning shu qadrini, albatta, taqdir qilamiz. Yolg‘iz shu yoqdangina qarag‘anda uning o‘z zamonidag‘i yo‘qsullarning qayg‘ularidan xabarli, ular uchun yig‘lag‘an, ularning dushmanlariga so‘kish bilan, nasihat bilan murojaatlar qilg‘an bir yo‘qsullar shoiri kabi qabul qilamiz, albatta. Lekin u qadar bilan qolmasdan Yassaviyning boshqa yoqlarini ham tekshirishga majburmiz. Bir shoirni, aynuqsa, Osiyoning keng bir qismiga ta’sir qilib, 7 yarim asrdan beri yashab kelgan — bir shoirni tekshirganda, mas’alani bir yoqli qo‘ymoq — to‘g‘ri ilmiy bir natija bermaydi. Yo‘qsullar uchun qayg‘urib, ularning dardlarini kuylamakchi bo‘lg‘an Yassaviy ularning qutulish, najot yo‘llarini ham izlaganmi, ular(ga) qutulish uchun bir dastur, bir yo‘l ko‘rsatganmi? Albatta, ko‘rsatgan! Koshki ko‘rsatmagan bo‘lsa edi! Qo‘limizdag‘i «Devoni hikmat» kitoblarining Yassaviy otidan qilib berganlari ta’limot jamiyatdag‘i ohangsizliqdan, adolatsizliqdan qutulmoq uchun uning ko‘rsatkan choralari shu qadar yaramas, shuncha zararlidirki: unnng ta’limotiga chin ko‘nguldan ishonib, samimiy suratda ergashgan bir millat topilsa edi, u millatning dunyoda «tirik ekan o‘ziga go‘r qazmoq» dan boshqa bir vazifasi qolmag‘an bo‘lur edi. Yassaviyning zolimlarg‘a qarshu kambag‘allarga beradig‘an nasihatlari mana shu yo‘ldadir: Zolim agar jafo qilsa «Alloh» degil, Ilking ochib duo aylab bo‘yunsungil. «Haq» dodingg‘a yetmas bo‘lsa «gila» qilg‘il, «Haq»din eshitib bu so‘zlarni andim mano! Kim hindustonli Gandining «yaroqsiz, qurolsiz qarshilik» degan shioriga juda o‘xshaydi. Ahmad Yassaviy bu qadar bilan qolmaydi. U hokim sinfning adresiga yuqoridag‘i qattig‘ so‘kushlarni yubormoq bilan, kambag‘al sinfni hayajonga ke(l)tirgan, qaynatg‘andek bo‘lg‘andan keyin fursatning g‘animat ekanini anglaydi, kambag‘allarning shul choqdag‘i ruhiy holatlaridan foydalanmoqchi bo‘lub, o‘ziga «murid» qilib olish planini quradi. Go‘yo yuqori tabaqaning zulm-adolatsizliklariga sabab kambag‘allarning o‘z gunohlari Xudodan uzoqlashganlaridir. Yassaviy Xudo tomonidan vakil bo‘lub, kambag‘allarga qaratib mana shunday deydi: Senga jazo yaratganga yolbormading, «Alloh» debon tunlar turib igranmading. Haqiqatdan so‘zlar ayttim, eshitmading, Zolimlarning ilgin uzun qildim mano! Yassaviy kambag‘al xalqni o‘ziga murid qilib olmoq uchun u qadar hirs ko‘rsatadiki, yuqoridag‘i so‘zlari bilan bu so‘zlari orasida bo‘lg‘an keng, chuqur mantiqsizlikni anglamay qoladi yoki o‘zini anglamaslikga soladi. Haqiqatan, Yassaviyning yuqoridag‘i shikoyat va so‘kushlari bilan bu teran fikri orasida kattakon bir mantiqsizlik bor. Bir kishi turub Yassaviyg‘a: «Modomiki, feo‘dallar ham ularning quyruqlari tomonidan kambag‘allarga qilingan zulmlar Xudoning amri bilan bo‘lar ekan; modomiki, Xudo u zulmlarni kambag‘allarning boshiga «jazo» qilib yuborg‘an ekan, «sen nega boya ularni shuncha so‘kub tashlading? Ularning gunohi yo‘q ekan-ku!» — deb qo‘ysa. Yassaviyning hech bir javob qaytara olmaslig‘i aniqdir. Lekin u zamonlarda Yassaviyg‘a hech bir tomondan munday bir e’tiroz bo‘lmaydi. Kambag‘allar tomonidan shunday e’tiroz bo‘la olmaydi. Chunki u vaqtlarda ularning onglari bu mas’alalargacha yuksalmagan, feo‘dallar, umuman, hokim tabaqa ham bunday e’tirozni qilmoq istamaydi. Chunki Yassaviyning bu mantiqsizligi uning uchun foydalidir. Uning Yassaviyga u tomonidan yordam qilishi kerak (shuni unutmaylikki, bu mantiqsnzlik Yassavnyg‘agina maxsus emas, Xudoga ishonib har ishni undan bilgan har mo‘min bandaga bu e’tiroz tegadi). Yassaviy o‘zining bu mantiqsizlig‘iga qarshu hech bir tomondan e’tiroz bo‘lmasligini bilgani uchun fursatdan istifoda qiladi. O‘zining yuqoridagi mantiqsizlig‘idan o‘ziga keraklik natijalar chiqarishga kirishadi. «G‘arib esang, yo‘qsul, yatim, ezilgan mazlum esang, mana shunday qil!» deydi. «Zikr»in aygil qonlar oqsin ko‘zlaringdan, «Hikmat» aygil durlar tomsin so‘zlaringdan — deydirkim, buning ochiq ma’nosi mening «xalqa»mga kirib hikmatlarimni eshitib, «jahr» qil demoqdan boshqa narsa emasdir. Saharlari erta turib qon yig‘lagil, «Piri mug‘on» etagini mahkam tutkil. Haqqa oshiq bo‘lg‘an bo‘lsang jondin o‘tgil (albatta, moldin ham) Jondin kechgan chin oshiqlar uryon bo‘lur. Bu dunyoda faqirlikda odat qilg‘an, Xo‘rlik tortib mashaqqatni rohat bilg‘an, (Qul Xo‘jahmad!) yaxshilarg‘a xizmat qilg‘an, Qiyomat kun andog‘ kishi sulton bo‘lur. Bundagi «piri mug‘on» so‘zidan maqsad, «pir, shayx, eshon» ekanini aytishga hojat yo‘q, o‘zi anglashiladi. Demak, kambag‘al sinf haligi zolimlarning zulmlarini Xudodan, o‘zining gunohlaridan ko‘radi. Shuning uchun ularga bo‘yunsunadi. Saharlar turub, qonlar yig‘lab «tavba qiladi, xo‘rlikka odat qiladi; faqirlikka qanoat qiladi; mashaqqatlarni rohat biladi; pir mug‘onning etakini mahkam tutadi (ya’ni Yassaviyga murid bo‘ladi), bo‘lmag‘an joydan «tangri ishqi» ham to‘qub chiqaradi-da, shu bilan yashaydi!.. «No‘vi plato‘nizm» falsafasidan bizning tasavvufga o‘tkan bu ishq mas’alasi Yassaviy hikmatlarida juda katta o‘rnn tutadi. Hikmatning lirika qismi tamoman shul tasavvuf ishqiga boylangandir. Yassaviyga ko‘ra, bu ishqqa berilib, shu bilan yashamoq uchun pirga inobat qilish, «piri mug‘on»ning etakini tutish, albatta, lozim, chunki: Qilavuzsiz biyobonda yurganlar, Muhabbatning qadrini qachon bilur? Yassaviy mana shu fikrini hammaga taqdim qiladi, uning nazarida: Holbuki, yana, unga ko‘ra, tasavvuf ishqig‘a berilgach, hayotdan aloqani kesish lozim: Oshiqlarning sunnatidir tirik o‘lmak, Oqil o‘lsang go‘ristondan xabar olg‘il, Men ham shundog‘ bo‘lurman deb ibrat olg‘il, «Mavtu qabla anta mavtu»ga amal qilg‘il. Mana sizga qat’iy bir dastur: «mavtu qabla anta mavtu» — «o‘limningizdan burun o‘lingiz!..» Mana Ahmad Yassaviy tomonidan taklif etilgan «tangri ishqi» ning olib boradigan joyi! Ahmad Yassaviy shu «dastur»ga o‘zining amal qilg‘anini ko‘rsatmak uchun ko‘b tirishadi. O‘zini juda qiziq so‘zlar bilan tahqir qiladi: O‘lganimda yig‘ilib uring yuzming tayoq, Janozamning orqasidan toshlar oting, Oyoqimdan tutib, sudrab go‘rga elting. Haqqa qulluq qilmading deb yanching, teping, — deydi. Yassaviy o‘lgandan keyin muridlari, albatta, shunday qilmag‘anlar. Uni izzat, hurmat bilan ko‘mganlar. Ishning shunday bo‘lishini uning o‘zi bilmagan emas, bilgan. Biroq dindor, sodda xalqni qaynatmoq, ularning ixlosini ortdirmoq tilagi bilan bularni aytadi. Ul yuqoridag‘i «dastur»iga sodiq qolg‘aniga bizni ishondirmoq uchun umrining oxirlarida yer ostiga kiradi; xonaqohida yer osti bir hujra qozdiradi, oltmish uchga kirgandan so‘ng shunga kirib go‘yo tashqi dunyo bilan aloqasini kesadi, «o‘lgandan burun o‘ladi!..» Shul sababdin oltmish uchda kirdim yerga. Subhi sodiq dushanbe kun yerga kirdim. Shul sababdin yer ostiga kirdim mano deganlari shuni ko‘rsatadi. Omma orasida «qudsiy bir e’tibor qozong‘an, dalaning sodda elidan o‘ttuz-qirq minglab kishini o‘ziga murid qilib olg‘andan so‘ng 63 yoshga kirgan bir kishining yer osti bir uy qozib, shunga kirib o‘turushi, uning ta’min etilgan hayotiga zarra qadar halal bermaydi. Hatto bu ish bilan uning e’tibori ortadi. Shuni qabul qilamizkim, u zamonlar tashkilotdan, birlikdan, sinfiy ongdan mahrum bo‘lg‘an, ezilg‘an, mazlum kambag‘allarga Yassaviyning bu hikmatlari bir oz tasalli bergan, ularni ovutgandir. Lekin mas’alaga hayot nuqtayi nazaridan qaraylik: bir o‘lkada yashag‘an xalqning hammasi yo ko‘bchiligi Yassaviyning shu takliflarini qabul qilib, yer osti chillaxonalari qozib, kirib o‘turg‘anda shu o‘lkaning hayoti nima bo‘lur edi!.. Yaxshiki, Yassaviyga ishong‘anlar bu jinnilikni qilmag‘anlar, qilmag‘anlari bilan ularning miyalarida bu tashviqotning hech bir turli izlari qolmag‘an deb da’vo qilib bo‘lmaydi, albatta, qolg‘an. Tunov kungacha, hatto qisman bu kungacha ham, ayniqsa, kambag‘allarimizning hayotga yaqinlashmasdan «yarim tarki dunyo» vaziyatida yashag‘anlarig‘a Yassaviy ham uning muridlarining ta’sirlari bo‘lmadi, deb kim da’vo qila oladi?! Tuzuk, Yassaviyning tilga xizmati juda kattadir. U mundan yetti yarim asr burun turkcha she’rlar yozg‘an, kambag‘allarning dardlarini kuylagan. Uning asari tilimizning yetti yarim asrdan qolg‘an bir nishonasi. U asar tilimizning yetti yarim asr burung‘i hollarini, qoidalarini ko‘rsatmak nuqtasidan juda muhimdir. Lekin baxtga qarshu biz bu kun oramizda mavjud bosma, yozma «Hikmat» nusxalari bilan bu mas’alaga yaqinlasha olmaymiz. Yuqorida aytganim kabi Yassaviyning hayotiga yaqin zamonlarda yozilg‘an bir nusxa «Devoni hikmat» topilmaguncha, biz Yassaviy hikmatlarini til tarixi qarashidan tekshira olmaymiz. Lekin uning fikrlari, tirikchilik uchun — to‘g‘risi, o‘lmak uchun!.. xalqqa ko‘rsatgan yo‘llari, buddizmdan olib bizga yutdirmoq istadigi dasturlar(i) qat’iyan, ayniqsa, yigirmanchi asrda zararlidir. Uning ta’siriga qarshu kurashmak inqilob qarashidan, xalqimizni hayotga aralashtirish qarashidan juda ham lozim. Yassaviyda tasavvufning darajasi Maqolamizdagi bahslarning robitasini, bog‘ini yo‘qotmaslik uchun yuqorida tasavvuf to‘g‘risidag‘i muqaddimamizni qisqacha takrorlab o‘taylik: Islomda tasavvuf mustamlakachi arablarning mustamlaka aristokratlari bilan birlashib, ayniqsa, mustamlaka xalqini ezishlaridan va bu ezishlarning islomiy ham arablik taassubig‘a tayang‘anidan chiqg‘an bir aksi ta’sirdir. Shuning uchun tasavvufda islomiyatga qarshu unsurlarning bo‘lushi tabiiydir. Lekin bu unsurlar maslakga yangi kirgan kishilarga berilmagan, tasavvufni darajalarg‘a, bosqichlarg‘a taqsim qilib, birinchi bosqichda islomning amirlariga tamoman sodiq qolishni shart etkanlar. «Murid» bu bosqichlardan yuqori chiqg‘an sayin islomiy asoslardan uzoqlashib borg‘an, uning nazarida din, shariat, ibodatning ahamiyati qolmay boshlagandir. Masalan, teran bir mutasavvif Abdulqodir Bedil dinlarning ka’basi bilan butxonasini bir-birlarining yoniga qo‘yub so‘kadi: Gahe ba ka’ba madavamu gah ba suyi debar, Devonayam zi-har tarafan sang mezanad… Ka’bavu butxona naqshi markazi tahqiq nest, Har ko‘jo gum gasht dahe sar manzele orasteand deydi. Mashhur tasavvuf shoirlaridan Fayziy Hindiy esa: Bar fatu yil ruhban kaduhi boda bekushim Isin xiylaki riyi futaxar anashenoskim deb qichqiradi. Hijriy 297 da dorg‘a osilg‘an Mansur Hallojning voqeasi ma’lumdir. Tuzuk, Yassaviy hikmatlari orasida Mansur Hallojga bagishlab yozilg‘an bir-ikki parcha bor, unda: Esiz Mansur xo‘rlik birla bo‘ldi ado, Bir so‘z birla yoronlardin bo‘ldi judo — deb qayg‘uradi. Shoh Mansurning «Anal haq»i bejo emas, Yo‘lni topqon, bizlar kabi gumroh emas, Har nojinslar bu so‘zlardai ogoh emas. Anal haqni ma’nosini bilmas nodon deb Mansur Hallojni oqlaydi ham uning dushmanlari bo‘lg‘an, uni kofir deb ostirg‘an shari’at mullalarini so‘kadi. Yana Mansur Halloj voqeasiga ba(g‘i)shlang‘an bir parchada: Afsonadir shariat, farzonadir tariqat, Durdonadir haqiqat oshiqlarg‘a munosib degani kabi boshqa bir hikmatida: deb tasavvuf qarashida shariatning bir afsonadan boshqa narsa bo‘lmag‘anini takrorlandi. Lekin, bunday so‘lliklar Ahmad Yassaviyda, umuman, ozdir. Ko‘rsatganimiz misollardan boshqasi yo‘q. Shuning bilan barobar ul me’rojg‘a ishonadi; jannat, jahannamg‘a ishonadi, odamlarni oxirat azoblari bilan qo‘rqutadi, namoz o‘quydi, ro‘za tutadi: Ro‘za namoz qazo qilib bo‘ldi kohil, deb o‘kunadi. Qiyomatni shiddatidan aqlim hayron, Sirot otlig‘ ko‘prugidin tanam larzon, deb vahimalar tarqatadi. Demak: Ahmad Yassaviy so‘filar kabi ta’vilg‘a yonoshmaydi. Islomda bo‘lgan narsalarning hammasini bo‘lg‘an(i) kabi qabul qiladi. U yuqori bosqichdag‘i mutasavviflardan emas, zohiddir. Adabiy qiymati Ahmad Yassaviy bizning xalq shoirlarimiz kabi mukammal tahsil ko‘rmagan bnr kishi emas. U boshlang‘ich tarbiyani Yassida Arslonbobdan olg‘andan keyin Samarqand, Buxorog‘a kelib tahsil qilg‘an. Shayx Yusuf Hamadoniy kabi o‘z zamonining eng katta din olimi, eng ulug‘ shayxi bo‘lg‘an bir kishiga shogird bo‘lg‘an ham uning uchunchi xalfasi bo‘lub olg‘an. «Hikmat»dagi she’rlarga ishonilsa, Yassaviyning Xuroson, Iroq, Shom kabi u zamonning mashhur ilmiy markazlariga ham borib turg‘ani anglashiladi: Xurosonu Shomu Iroq niyat qilib, G‘ariblikni ko‘b qadrini bildim mano. Shuning uchundirkim, Yassaviyning o‘z zamonida mo‘tabar bo‘lg‘an ilmlarni, adabiyot qoidalarini juda chaynag‘an bir kishi bo‘lg‘aniga hukm qilmoq yanglish bo‘lub chiqmaydi. Shunday bo‘lsa ham uning adabiyotda tutg‘an yo‘li soda xalq shoirlarimizning tutg‘an yo‘llaridir. Unda Navoiyning ingichka istioralari, Bobirning forscha yonishlari yo‘qdir. Uning hikmatlari vaznda, qofiyada, uslubda xalq adabiyotn atalg‘an she’rlar bilan barobar yuradi. Xalq adabiyotimizdag‘i dostonlar qismining «Qissai Ibrohim Adham», «Dostoni Zayn ul-arab» kabi mavzu’ e’tibori bilan musulmonlig‘lari bor. Ahmad Yassaviyning hikmatidag‘i «lirizm» (yurakchilik) ulardagi «lirizm»dan kuchsizrakdir. Masalan, «Dostoni Zayn ul-arab» dagi shul: Sal chekguncha hijron javru jafosin, Man nega qurboning bo‘lmadim sani? San ko‘rguncha zindon dardu balosin, Man nega qurboning bo‘lmadim sani? parchasi borkim, kuchli «lirik» bir parchadir. Ahmad Yassaviyning hikmatlarida esa, shunday kuchli parchalarga uchrab bo‘lmaydi. Shunday bo‘lsa ham Ahmad Yassaviy «lirik» bir shoirdir. Unda ham «Yassaviyning mafkurasi» bahsida ko‘rsatganim: Yatimlar bu jahonda xor ekandir, G‘ariblarni(ng) ishi dushvor ekandir. G‘ariblarni(ng) ishi doim so‘lukdir, Tirik ermas yatim misli o‘lukdir. kabi samimiy, yoniq fig‘onlar yo‘q emas, bordir. Angliz va Turkiston Mundan ikki oy burun «Turkistonda angliz mudofaasini saqtamoq uchun Chin qo‘shuni kelmoqchi emish» degan bir xabar chiqg‘anda «Hurriyat» gazetasi ikki maqola ila fikrini bildirgan va Turkiston siyosiylarini uyg‘oqliqqa chaqirg‘an edi. Bu kun ish bir oz ochildi: Turkistong‘a angliz vakillarimi, angliz josuslarimi kela boshladilar. Bu vakillardan Kogonda Sapar Badlo‘fning uyiga qo‘ng‘an bir hindli Parnasning rus rasmiy doiralarinda berdig‘i ma’lumotga qarag‘anda bir odam hind inqilobchilaridan emish. Hindustonda inqilob chiqarmoq uchun bolsheviklar bilan muzokara qilg‘ali kelgan emish. Sharqning eski hukumatlarindan birisi aydig‘i uchun ruxsat berilsa, bechora hukumatini ko‘rmoqchi emish. Bunlarning yuqori doiralarg‘a ham so‘zlari shu esa biz bunlarg‘a «yashurun bir maqsad uchun kelgan josuslar» deb qararg‘a majbur qolurmiz. Yuqori doiralarga tilaklarini ochibg‘ina aytkan bo‘lsalar, u vaqt bunlarning bolsheviklar bilan muzokara qilg‘ali kelgan vakillari ayduqlarig‘a shubha qolmas. Har holda mas’alaning shu nuqtasi ma’lumdirkim bunlar josus bo‘lsalar ham vakil bo‘lsalar ham tilaklari birdir. Bunlarning ikkinchisi bir Hindustonni olmoqchi bo‘lg‘anlar. Bunlarning ko‘zlari bizning yurtimizdadir. Anglizlar bilan Turkiston orasinda Afg‘on va Chin hukumatlari bordir. Ajabo Britaniya tulkilari Turkistonimizg‘a burunlarini suqmoquchun Chin hukumati bilanmi onglashadilar. Afg‘on hukumati bilanmi? Og‘iz xabarlarig‘a qarag‘anda, har ikkisi bilan ham onglashg‘an, hatto Afg‘on hukumati bilan ittifoqi kuchliroqg‘a o‘xshaydirlar. Lekin biz shul Afg‘on va Angliz ittifoqini qabul qilmaymiz. Ma’lumdurkim: bu kun German va Turk davlatlarining birinchi dushmanlari anglizdir. German va turk davlatlari oldida Turkistonning anglizlarga kechmakindan ruslarg‘a qolmog‘i yaxshiroqdir. Bir vaqtlar o‘zini turk davlatining bir kashishi atag‘an Afg‘on hukumati turk siyosatiga shuncha molik bo‘lg‘an bir mas’alani qabul qilarmi? Angliz bilan ittifoq etmak – german va turkga qarshi chiqmoqdir. Afg‘on hukumati bu yo‘lga kirarmi? Angliz hiylasining ta’siri buyukdir, ehtimol kim, Afg‘on hukumati ham oldang‘andur, lekin bizning umidimiz boshqadir. Afg‘on hukumatining urushg‘a qotishmog‘i mumkindir, uning kuchi bordir, ehtimolkim, vaqti daxi bo‘ladir, lekin biz umid qilamizkim, Afg‘on hukumatining bu harakati angliz foydasi uchun emas, german va turk pilonlarig‘a muvofiq bo‘lmoq sharti bilan o‘z foydasi uchun bu harakat Hindustong‘a qarshi bo‘lg‘ulidir. Ammo Angliz va Chin ittifoqi mumkindir. Chin hukumati Japun tazyiqotindan qutulmoq va o‘lkasining rus nufuzi ostida qolg‘an qisminda o‘z huquqini tasdiq eturmak uchun Angliz davlatining turli xizmatlarig‘a hozirdir. Emdi mas’alaning boshqa bir jihati qoldi. Turkistonni daxi Hinduston kabi yutmoqchi bo‘lg‘an anglizlar bu urush maydonidan qanday chiqarlar? Mag‘lubmi? Mag‘lub chiqarlar esa, Turkistonni qaysi kuch bilan saqlarlar? O‘z hiylalarig‘a ishong‘an chidamli anglizlar o‘zlarini shul muhoribadan oz zarar bilan soqg‘ina qutqarmoq uchun albatta bir pilon chizg‘an va shul pilonlariga ishong‘andirlar. Mana shul nuqtag‘a binoan, sulhdan burun Turkistonni olib dushmanlarini «amru afu» qarshisinda qo‘ymoq va sulh majlisinda kirganda Turkistonni qaytarib berarg‘a majbur bo‘lsalar ham uning o‘rninda boshqa yoqdan biror narsa saqlamoq fikrinda bo‘lsalar kerak. Ammo bizning fikrimizga ko‘ra, angliz hukumatining bu urushdan oz zarar bilan soqg‘ina qutulmog‘i mumkin emasdir. Germaniyaning og‘ir va yomonroq zarbasi anglizlarning boshlarig‘a inar. Angliz hukumati butun ishdan chiqmayin bu urushdan chiqolmas. Shul suratda Turkistonning tole’i nimadir? Uni turkistonlilarning o‘zlari tayin qilarlar, ammo ittifoq va ittihod aytib butun fikrlarini bir nuqtada to‘plag‘andan keyin!.. Buxoro ulamosi Buxoro ulamosini, asosan, ikki firqag‘a taqsim etish mumkindir. Biri Buxoro va uning tevarakindan to‘planib tahsil qilaturg‘an buxoriylar, ikkinchisi Buxoro xonlig‘ining Sharq tarafindag‘i Ko‘lob degan tog‘liq yerdan kelgan ko‘lobilar. Tarixi islomdakisi bani Hoshim bani Umaviya o‘rtasida bo‘lg‘ani kabi Buxoro ulamosi va ko‘lobilar orasinda eski bir dashtlik bordir. Bu dushmanlikning bosh sababi hozirgi Buxoro qozikaloni bo‘lg‘an Burhoniddinning bobosi qozi Sadriddin Mulla To‘xmaq o‘g‘li degan zotdir. Qozi Sadriddin(dan) burun bo‘lg‘an Buxoro mullalarining barchasiga bir ko‘z qarab har birig‘a mustahiqbuydigi ilmiy mansablarni bera(r) ekanlar, Mazkur Mulla Sadriddin Mulla To‘xmaq o‘g‘li Buxoroda qozikalon o‘lg‘ach, ishi tezlashib ketgan. Bu odam avval Buxoroning vaqflarig‘a va boshqa ishlarig‘a buyuk xiyonatlar qilgan: xalq ustiga «aminona» degan bir solug‘ki yolg‘ondan shar’iy deb yuklag‘an, ko‘b vaqt yerlarini, vaqf oqchalarini hukumat xazinasiga og‘darg‘an, shu yo‘llar bilan amirni(ng) o‘ziga tobe’ qilib olg‘andan keyin Buxoroning yog‘li mansablari (ki) o‘z ko‘lobilariga olib bergan. Bu odam diniy ilmlardan (Qur’on va Hadisdan) butun xabarsiz bir odam ekan. Bir kun buyuk bir ilmiy majlisda Qur’onni ochib sahifa boshindagi suradan ibtidosi bo‘lgan «hamasi» jumlayi sharifini «ham ishq» o‘qudigi Buxoro ulamosi orasinda mashhurdir. Uning bu hollari buxoroli ulamoning nafratlarig‘a sabab bo‘ldi. Qozi Sadriddindan necha yil keyin o‘g‘li Badriddin qozikalon bo‘ldi. Bu odam daxi otasining yo‘li bilan yura boshladi. O‘zi ilmsiz bir kishi edugi uchun ma’lumotli ulamodan qo‘rqar va unlarni ish boshindan tushura edi. O‘z ko‘lobilari orasindan johillarini saylab Buxoroning buyuk ilmiy mansablarini shunlarg‘a bera edi. «Buxoroli ulamo» ilmiy mansablardan mahrum bo‘ldilar. Buxoroning tubchaklari bosh ko‘tara olmay qoldilar. Badriddinning bu ishlarindan g‘ayratli necha ulamolar hayajonga keldilar va unga qarshu bir varaqa chiqardilar. Bu varaqaning boshinda g‘ayratli ulamolardan samarqandli marhum Mufti Burhoniddin tura edilar. Qozi Badriddin yolg‘on xabarlar chiqorib, mufti Burhoniddinni Buxoro amirining doimiy g‘azabiga uchratdi. Mufti Burhoniddin shu ilm bilan dunyodan o‘tdi. Bu zot o‘rnig‘a firqa boshinda ustodim marhum Oxund Mulla G‘iyosiddin hazratlari o‘tdilar. Marhum ustodim diniy va shar’iy ilmlardan boshqa ilmi kalom va eski yunon falsafasindin tamoman voqif bir zot bo‘lub, so‘zga ham ko‘b usta edilar. Shuning uchun qozi Badriddinni bosh ko‘tararga qo‘ymas edilar. Ko‘b vaqtlar qozi Badriddinning og‘usi bilan amirning g‘azabig‘a uchrasalar ham parvo qilmasdan o‘z niqoblarig‘a davom etib, dunyodan o‘tdilar. Bu zotning o‘runlarig‘a qozi Badriddinga qarshu bo‘lg‘an firqaning boshig‘a uch zot keldilar, bunlar marhum shayxulislom Baqoxo‘ja hazratlari, marhum ustodimning ukalari Masnaf va Buxoroning olim qozikaloni bo‘lg‘an qozi Abdushukurning o‘g‘illari Sharifxon maxdum edilar. Buxoro vaziri Nasrullohbey parvonachiga ochiq maktub BUXORO VAZIRI NASRULLOHBEY PARVONAChI AFANDI HAZRATLARINA OChIQ MAKTUB (Ey Vazoratpanoh, biz tartiboti jadidaga muhtojmiz) Aniqdirki, hech qaysi millat hech bir zamonda bizda bo‘lganidek yurti xaroblik, xalqi falokat, ayonlari pastkashlik, idora ahli fasod, zolimlarning qon so‘rishi, ajnabiylar kalakalari, istiqbolining mushkulligi kabi illatlarga mubtalo bo‘lmagan! Butun mamlakat va millatni shu ahvolga keltirib qo‘ydikki, dunyodagi eng qiyin va tashvishli kunlarda yashayotgan odamlar ham bizning ahvolimizga ma’yus tortib, qon yig‘lamoqdalar. Har qancha ko‘z va quloqlaringizni berkitib olsangiz ham bu qadimgi islom millatining faryodi va bu muqaddas mamlakatimizning xarobligiga achinmay turolmaysiz. Lekin bu jimgina achinishdan ne foyda? Bu ketma-ket kelayotgan musibatlararo Siz kabi komil shaxsning harakatsiz achinishi va sukut holati qachong‘acha davom etadi? Bu kun mazlum islom millatining eng oydin fikrli ziyolilari jaholat va g‘aflatning ikki otiga minib o‘z kamsitilishining payini qirqish uchun chopmoqdalar. Muqaddas va mehribon ona vatanimizning o‘z haqini tanigan farzandlari zulm temir panjasidan tortib uni fano sahrosiga tomon tortmoqda. Bu kun zalolat va gumrohlik zanjirining asiri bo‘lgan bizning holimizg‘a Hazrati Rabb’ ul-izzatning rahmi bo‘lib yuborilgan Sizsiz va bizning tojdor oliy hazrat padari mehribonimizni hozirgi va kelgusi mushkulliklardan Sizgina xabardor eta olasizki, (amir) bizning ishlarimizni nazoratiga Sizni jalb etgan. Ya’ni Hazrati Xoliqning karami va adolatparvar podshohimizning lutfi Sizni nafaqat bu umri parishon va istibdodpesha bo‘rilarga o‘lja bo‘lib, qo‘ruvchisiz qolg‘an qo‘ylarg‘a mehribon cho‘ponlikka emas, balki ularning ishlarini tanzim qilish, tartibga solish uchun yuborg‘andir. Biz Sizning ishga tayinlangan kuningizni o‘z hayotimizning muqaddimasi deb bildik va ishga ma’mur bo‘lib kirishgan kuningizni o‘z milliy bayramlarimizdek nishonladik. Taassufki, bugunga qadar intizor ko‘zlarimizni qanchalar tikmaylik, istiqbolimizning saodati uchun tashabbus bo‘ladigan biror ishni Sizdan ko‘rmadik. Ey, mehribon ona Vatanning barkamol farzandi! Ey, Buxoro ezilgan millatining besabot tarafdori! Siz umr bo‘yi o‘zining noz va tantanalarga boy og‘ushida Sizni tarbiyalagan aziz va muqaddas vataningizning ishlarini xaroblik va parishonlikning qora kunlariga uloqtirib qo‘yib, uning ostidan o‘t yoqib kelayotgan balolarga mubtalo qilib, nega jim o‘tiribsiz?! Hamisha haq dinimiz va shar’iy Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ning adolatlari soyasida tinchlik o‘rnatib kelingan vatanimiz kimsasizmi yo xarob holdami qoldi! Ming xil xavfu xatarlarga duchor bo‘ldi! Soatma-soat Sizga umidvor tikilgan ko‘zlarimiz yumilmoqda. Sizdan yordam va najot amallarini kutishdan tolmoqda. Siz nega jim o‘tiribsiz? Shu mazlum islom ummatining umidi, hayotimizning barakoti Sizning say’-harakatingiz va himmatingizdir. Bu baxtsiz islom millatining xizmati va muqaddas shar’iy Dinimizning mustahkamlanishi, albatta, Sizdan lozimdir. Bu muqaddas xizmat yo‘lida bir dam bo‘lsin sustkashlik qilishga Sizning haqqingiz yo‘q! So‘zingizning nufuzi va ulug‘vor ta’siri bo‘lgani holda bu kufroni ne’mat xabaridan ojizligingizning ma’nosi nima? Nima sababdandirki, siz o‘zingizdan lozim xizmatlarni oshkor, ochiq qilmaysiz? Turli firqalar orasida ulug‘ ishlarning tashabbuskori bo‘layotgan o‘sha himmat arboblarining Sizdan ne ustunligi bor? Ne mone’lik borki, tartiboti jadida vositasi bilan milliy saodatimizning yangi istiqbolli yo‘llarini ochib, qadrimiz va taqdirimizni a’lo darajada sharaflay olmaysiz? Bir zoti komilning haqqi uchun Vatanimiz hamdo‘st va hamdin kishilarga to‘la bo‘lsa qanchalar savob?! Bir millatning hayoti uchun qayg‘urub, Allohning fazlu karamiga sabab bo‘lmoqdan qaysi shuhrat ortiqroqdir? Raiyat orasida Sizga nisbatan ixlos va muhabbat bor, bu Yaratganning karamidirki, Sizni favqulodda nufuz sohibi qilib boshimizga yubordi. Oliy hazrat tojdor padari buzrukvorimiz, adolatparvar podshohimiz bizni tarbiyat va tanzim etmak amrini Sizga bergan. Ne to‘siqki, Sizni bu muqaddas xizmatdan qaytarsin?! Magar boshqalar g‘aflatda qolg‘an bo‘lsalar, Sizda g‘aflat qilmang. Boshqalar g‘aflatining tashvishi Sizning g‘aflatingizchalik bo‘lmaydi. Nauvzibilloh, bunday muqaddas vazifani bajarishda sustkashlik qilsangiz ertaga intiqom olg‘uchi Allohning huzurida nima deb javob berasiz?! Nushiravon namo‘rd ki nomi neku go‘zosht (Nushiravon o‘lmadi, chunki yaxshi nom qoldirdi). Buxoroda inqilob «Dunyo havodis o‘chog‘idir» demishlar, to‘g‘ri bir so‘z. Yigirma sakkiz(inchi) fevralda Rusiyada hurriyat bo‘ldi, imperato‘r Nikolay taxtdan tushurildi. Ko‘nsul Miller Kogondan Buxoroga kirub, «Naminor» havlisida o‘turdi. Xalq og‘zinda yangig‘ina bir so‘z tushub qoldi: «Buxoroda hurriyat bo‘lar ekan. Muni yoshlarning bilagi bilan rus qo‘nsulxonasi qila(r) ekan». Ko‘nsul Miller Buxoroning ba’zi jamoalarindan ba’zi odamlarni yonig‘a kirguzib gapurdi. Shul chog‘larida qozikalon Burxoniddin bilan rais Abdullohxo‘ja Sadur va mufti Asqar Masnaf mahdum qatl etildilar. Bunlarning o‘rninda Muhammad Sharif maxdum qozikalon va Abdulsamad maxdum rais bo‘ldilar. Bu hodisa Buxoro xalqining qizg‘in bir hayajoiniga sabab bo‘ldi. Aprelning yettisinda amirimiz bir bayonnoma chiqordilar. Aprel sakkizida Buxoro yoshlari boydoq chiqorib muborakbod qildilar. Mullalardan bir jamoa chiqib shul boydoq chiqorg‘anlarni kofir deb o‘ldurmoqchi bo‘ldilar. Hukumat yoshlarning birini tutub yetmish besh tayoq urdi. Aprel to‘qquzda qushbegi odamlari yoshlarning uylarini bosdilar. Topg‘anlarini keturub «obxona» degan rutubatli bir mahbusda qamadilar va ikkitasini yana hukumat amri bilan yetmish besh tayoqdan urdilar. Yoshlar qochib Kogonga chiqdilar. Abdulhamidxon raislikdan tushdi. Masnaf maxdum rais bo‘lub keldi. Samarqanddan rus soldatlari kelib obxonadagi yoshlarni qutqordi. Mana shunlar bir-ikki hafta orasinda bo‘lub o‘tgan hodisalar. Har biri — bir ma’no! Men aniq bilamankim, shul ishlarning haqiqat hikmatlarindan ruslar bilan yoshlar va Buxoro beklarindan boshqa kimsa xabardor bo‘lmadi. Buxoro xalqi na mullabachchalari, na sahroyilari, na kosiblari bu qorong‘u voqealardan biror narsa onglayolmadilar. To‘g‘ridir: har yonga yugurdilar, istamaymiz, «o‘ldiramiz, g‘azo qilamiz» dedilar. Nimani istamadilar, kimni o‘ldurmoqchi bo‘ldilar, kimning g‘azosig‘a chikdilar? Bunlarni onglag‘anlari yo‘q!.. Mana bul risolani shunlarni onglatmoq uchun qo‘limg‘a oldim. Negakim, tilagim haqiqatni xalqg‘a onglatmoqdir. Haqiqatni butun ochib onglata bilmak uchun bul risolani uch bo‘lakka tartib etdim: 1. Buxoroning holi. 2. Fitna soatlari. 3. Yoshlarning tilaklari. Ilikotimizdag‘i ishlarning buyukrog‘i, albatta, ekinchilik, ya’ni dehqonliqdir. Biz bu yerda hukumatimiz bilan dehqonlar orasindag‘i ishlarni arz qilamiz. Buxoroning dehqonchilik yerlari to‘rt turlidir. Amlok, mulki hur, vaqf. Buxoro yerlarining to‘rtdan biri mulki hur bilan vaqf bo‘lsa, boshqasi amlok bilan mulki hirojiydir. Mana Buxoroda shul amlokni nechuk olalar: Buxoro hukumati Buxoro tevarakindagi tumanlarning amlokini olmak uchun amloqdorlar tayin qiladilar. Ammo viloyatlarning amloklarini bekordan oladilar. Har viloyatning begi o‘z viloyatig‘a amloqdorlar qo‘yadir. Har amlokdorning necha oti, sayisi va xizmatkori bordir. Butun shunlarning muharriflari bechora dehqonlarning ustinadir. Amlokdorlar Buxoro yerlarini ikki turli istifo qilalar. Birinchisi «xasbar», ikkinchisi «xirman». Tumanlar, Chahorjo‘y, Karmina, Xatirchi, Miyonkal yerlarini «xasbar» tariqi bilan istifo qilalar. Buxoroning boshqa viloyatlari xirman tariqi bilan istifo qilinadilar. Bu tariqlarning ikkisi daxi yamondir. Ikkisig‘a ham zolim va insofsizlik ko‘b bo‘ladir. Xasbar tariqi shudir: ekin yetishgandan keyin amlokdor o‘z odamlari bilan balo qo‘shuni kabi istifog‘a chiqadir. Kechalar navbat bilan dehqonlarning uylarig‘a qo‘nub, kunduzlar istifo qiladir. Hanuz xirman qilmag‘an ustiga kelib hech bir narsani bilmagan yo‘ldoshlari bilan taxmin qilub bir narsa yozadir. Xirman qilinmag‘an, bichilmagan ekinlarning qancha chiqorini bilmak albatta kuch: munday taxminlar hech to‘g‘ri chiqmaydir. Yo amlokdorlarning va yo dehqonlarning haqi albatta ketadir, lekin bizning amlokdorlar o‘z haqlarini boshqag‘a o‘tkarmaylar, balki dehqonning haqig‘a javr qilarg‘a tirishalar. Bechoraning o‘n botmonliq ekinini yigirma botmon taxmin qilub daftarda yozalar. Xirman istifosi shudirkim, dehqon ekinini bichib, xubbidan chiqorib xirman qiladir va amloqdor janoblarini kutib turadir. Amlokdor kelmaguncha bola-chaqasi ochliqdan o‘lsa ham mehnat qilib yetishtirgan hosilindan ozg‘ina ololmaydirlar. Olsachi, boshi baloda qoladir ikki chorak olsa, amlokdor xabar olib keladir va bechorani yog‘ochlarg‘a osib qamchinlar bilan urub, uch-to‘rt botmonning oqchasini oladir. Istifo zamoni kelgach, amlokdor janoblari odamlari bilan chiqib yuqorida yozg‘animiz kabi xirmanlar orasinda kezib, taxmin qilib daftarlarda yozadir. Amlokdorlar taxmin qilib yozdiqlari hosillardan boshliq haqini shul chog‘da olmaylar, yolg‘uz taxmin qilib ketalar. Dehqon xirmanini ko‘taradir, masalan, bug‘doyni eltib, arzonliq chog‘inda yuz tangadan sotadir. Vaqtlar o‘tub bug‘doy yuz elli(k) tangaga chiqg‘andan keyin amlokdor boshliq haqini talab qiladir. Ul vaqt bechora dehqonlaridan yuz elli(k) tangadan pul oladir. Endi bir dehqonni ko‘zimiz oldinda keturib shu ishlarni uning ustinda yuritaylik, ko‘raylik nima bo‘lar. Masalan, Tursun otli bir dehqonning to‘rt tanobg‘ina yeri bor, kecha uyqusizliqlari, kun ochliqlari orasinda yugurub, chopib, issiq-sovuq demay, qo‘sh bog‘lar, xirman sovurar, o‘n botmong‘ina bug‘doyni xirman qilib hozirlab qo‘yar, lekin bola-chaqalari ochliqdan o‘lsa ham amlokdor bek kelmaguncha shuncha mehnat bilan hosil bo‘lg‘an bug‘doyindan bir hovuch ololmas. Olsa, bir hovuch yerinda bir botmon bug‘doyni yigirma botmon taxmin qilarlar. Kafsan, ot yemi, mirzoyona — nimalar debon bir botmoncha bug‘doyni olib ketarlar. Bechora Tursun qolg‘an to‘qqiz botmon bug‘doyni ko‘taradir. Bozorga eltib, yuz tangadan to‘qqiz yuz tangaga sotadir. Hafta, oylar o‘tub bug‘doy narxi 150 tangaga chiqg‘ach, amlokdor bek haqlarini talab qilalar va Tursunboyni yigirma botmon bug‘doyning uchdan biri bo‘lg‘an olti yarim botmon bug‘doy uchun bozor narxi yuz elli(k) tangadan to‘qquz yuz yetmish besh tanga olarlar. Mana bozorg‘a bechora Tursun bir yillik mehnat qilib chiqardig‘i bug‘doydan yetmish besh tanga zarar tortib chiqadir. Lekin ish shuncha bitdimi? Yo‘q, yana bir buyuk mas’ata qoldi: Tursun-ku o‘z bug‘doyining pullarini necha oydan yeb bitirg‘an edi. Amlokdorga bu to‘qquz yuz yetmish besh tangani qayerdan topib berdi? Hindilardan, yahudiylardan yo hindi tabiat musulmonlardan foydaga ko‘tarib beradir. Bizning dehqonlarimizning uyini kuydirgan qaydadir? (Muni keyinroqda arz qilaman.) Emdi ko‘rayluk, qani, bu hukumat bilan shu amlokdor beklar kim, bechora dehqondan imkoni(cha) mehnat qilib, chiqardig‘i hosilni butun olarlar, biror kun, biror yo‘l bilan shu dehqonning biror ishiga ko‘mak qilurmi? Albatta, yo‘q. Hatto butun qo‘limizdan tortib oldiqlari ekinlarning suyini ham keturub bermaydir. Shuning uchun ham dehqonning uyini kuydiradilar. Yilda bir daf’a arikdarni qazmoq kerakki, bu ishni buxorolilar «hashar» deylar. Arikdan suv ichaturg‘an butun dehqonlar yilning olti oyinda shul hashar uchun kunda bir mardikor (ishchi) bergulidir. Bera olmasalar bir mardikorning kundalik oqchasini hukumatg‘a bergulari lozimdir. Muhorabadan burun bir mardikorning kundaligi 10 tanga edi, ammo shu kunlarda qirqtanga (olti so‘m). O‘n tanob yeri bo‘lg‘an bechora bir dehqon har yilning olti oyinda yo bir mardikor tutib hasharg‘a beradir va yo shu mardikorking olti oyliq oqchasini hukumatg‘a beradir, boshqa chorasi yo‘qdir. Bir mardikorning shu kunlarda olti oylig‘i 7200 tangadir. Ammo ilgari 1800 tanga bo‘la(r) ediki, bu ham bechoralarg‘a oz oqcha emasdir. Tuxumg‘a, ho‘kuzg‘a, ot arobag‘a pul bergan bechora dehqon har yil hashar uchun muncha oqchani qayerdan topib beradir? Oldig‘i hosildanmi? Uni-ku amlokdor olib ketdi, bechora dehqon bu oqchani hindilardan foydag‘a ko‘tarib beradir. Bundan boshqa poytaxtning atrofindaki yerlarg‘a suvni adolat yuzasindan bo‘lib bermak uchun bir mirob (ya’ni suv begi) bor, bu odam suvni taqsim qilib bermak yerinda qo‘nug‘ini (navbatini) dehqonlarg‘a sotib turadir. Suv begi janoblarig‘a yilda bir necha daf’a oqcha bermagan dehqonlar suv icholmaylar. ZAKOT Buxoro xonlig‘inda ikki turli zakot bor: birinchisi mol zakoti. Shar’iy bo‘yincha har musulmon o‘z oqchasig‘a yilda bir daf’a zakot beradir. Lekin Buxoro savdogarlari o‘z oqchalarig‘a yilda besh-olti, hatto o‘n daf’a zakot beralar: masalan, bir savdogar Buxorodan yigirma ming tangalik mol olib, Qarshig‘a eltib sotsa, bir zakot berar. Yana u yerdan shu oqchag‘a mol olib Buxorog‘a kelsa, bir zakot berar. Va yana Buxorodan shu oqchag‘a mol olib Qarshig‘a qaytsa, bir zakot berar. Shundayin o‘n yo‘la ketib, kelsa o‘n yo‘la zakot olarlar. Buning zarari yolg‘uz savdogarning o‘zinda bo‘lsa so‘z yo‘q edi. Chunki savdogardir, boydir, ozg‘ina ko‘broq oqchasi ketsa ham zarar qilmaydir. Lekin u savdogar bu ortuq yerdagi zakotlarni mol ustig‘a qo‘yib sotadir. Demak, bundan ham qashshoqlar ham dehqonlar zarar tortalar. Ikkinchi zakot — kachi zakotidir; qo‘y bilan kachidan olinadir. Qo‘y bilan kachining zakoti haqiqatan qirqdan bir bo‘lsa ham, sarrofona, kotibona va, bilmasam, nimalar deb yigirmadan birga tushurib qo‘yalar. Bunlardan boshqa chakana zakoti deb nisobg‘a erishmagan qo‘ylardan shariatg‘a maxoliqzakot olalar. Zakoti oling‘an qo‘ylar va kachilarning tanindaki yo‘nindan daxi zakot olmokdari ko‘b buyuk masxaraliq emasmi? Zakotda zulmlarning kattarog‘i shulkim: qo‘y va kachi zakotini daftar yuzindan olarlar. Masalan, o‘tgan yili manim qirq qo‘yim bor edi. Kelib daftarda yozib zakotini olib ketdilar. So‘ngra manim qo‘ylarim o‘ldi yoinki sotib bitirdim. Bu yil birta ham qo‘yim yo‘kdir. Lekin zakotchi bek kelgach, daftarni ochib ko‘ralar, kim, manim otimda qirq qo‘y yozilg‘an; ishi bitdi, mendan bir zakot olib ketalar. Qo‘yim yo‘qdesam oning daftarida bor deyarlar «bor edi, lekin sotib bitirdim» desam tinglamaylar. «Yo‘q, bermayman» desam urib, osib ola(r)lar. Buxoroning holi Buxoro hukumati va Buxoro amirining uch yuzi bukun o‘rtag‘a chiqqan, «maf’iu-l-zamiri» ma’lum bo‘lg‘aydir. Rusiya inqilobi. Imperatorning taxtdan tushgani, rus hukumatining xalq qo‘lig‘a qo‘chdigi Buxoro hukumatig‘a inqilobning haqiqati va inqilobchilarning tilaklarini bildurdi. Inqilobchilarning himoyasig‘a sig‘ing‘an yoshlardan Buxoro hukumati biroq qo‘rqdi. Ko‘b o‘ylovlar, tushunchalar va qarorsizliklardan so‘ng belguli bir qarorg‘a keldi. O‘zi uchun ikki yo‘l tayin etdi: vijdon va imonlarini sotaturg‘an «oqcha quli» afandilarni sotib olmoq va oltun tuzoqg‘a tushmas yoxud oltung‘a qaramaslarini turli bahonalar bilan u dunyog‘a yubormak! Bundan birinchi yo‘lni amirning o‘zi qabul qilib, ikkinchisini qushbegisiga havola etdi. Amir janoblari yuborg‘an «ehson»ning qobug‘ini ochib yaramas, arzimas kimsalarga mehroxo‘rlik, to‘xsobaliq rutbalarini bag‘ishlamoq, hatto fohisha xotunlarig‘a madrasa mutavalliliklarini bermak yo‘li bilan o‘ziga tarafdor to‘plab turubdir. Qushbegisi esa, angiz isiyun mazmunini esga keltirur yo‘llar bilan yoziqsiz, gunohsiz kimsalarni mahv qilmoq ila mashg‘ul! Hukumatdan bo‘lmag‘an va ko‘nglidagini tilinda olg‘an mazlumlarni o‘g‘rilik tuhmatila tutdirib, qinab iqror qildirmoq bahonasi bilan yalang‘och qorinlarig‘a yuz-ikki yuz tayoq urg‘andan keyin tarbuz suyi ichiradir. Bechoralar tarbuz suyini ichkandan so‘ng shishib o‘larlar!.. So‘ng bir oy muddatda shu surat bilan o‘lganlarning soni yuz ellikdan ortmishdir. Yaqinlarda yana qushbegining piloni bilan bo‘g‘dirilg‘an ikki yosh buxoriyning shahodatlarini gazitga yozg‘an edik, bu kun oldigimiz xabarg‘a ko‘ra, Buxoro amiri amlokiga, ikkinchisining aklig‘a buyuk bir muosiylar beribdir. Ya’ni bu jinoyatning o‘z ishi va huquqini harakati bilan isbot qilibdur. Mana shu so‘ng hodisalar, zulmlar va insofsizliqlar Buxoro hukumatining «ma’fiu-l-za-miri»ni onglatadir. Ortiq Buxoro islohoti yo‘linda chin ko‘ngil va o‘z tilagi bilan bayonnoma chiqarg‘an bir «jinoyali» va u bayonnomani yurutmoq uchun tayin bo‘lg‘an bir «vazurotpanohi» yo‘qdir. Bunlar yolg‘on va bo‘sh so‘zlardir. Bunlar zulm qullari bilan qurulg‘an tuzoqlardir. Bunlarg‘a ishonmoq o‘zimizni aldamoqdir. Endi Buxoro yoshlari uchun lozimdirkim «bayonnoma – hamma bunga ko‘mak etmak» shiorini miyalaridan chiqarg‘aylar. Buxoro inqilobini istar esalar, inqilobchilarg‘a yarashur harakatlar qilg‘aylar. Yaxshi so‘zlar bilan, tavozelar bilan, yolborishlar bilan Buxoro hukumatini yo‘lga keturmak bo‘lmas. Zolimning «…» tabiatiga o‘xshash bir tabiati bordir: qochg‘anga quvar, quvg‘anga qochar. Zolimlarning shu tabiatlarini, shu «ahvoli ruhiya»larini ko‘zda tutmayin harakat qilaturg‘anlar(ning) xato yo‘ldadirlar, zarar ko‘rarlar. Qo‘rqmayin, tortinmayin keskinroq harakat qilmoq kerak bu kun: Rusiya xarobalaridan chiqg‘an Qafqos, Turkman, Totor, Turkistonning muxtor hukumatlari Buxoro yoshlig‘iga har jihatdan ko‘mak qilarlar. Adolat, hurriyat va mashvarat bilan idora bo‘laturg‘an bu muxtoriyatli islom o‘lkalari yoninda Buxorodag‘i zulm himoyaning yiqiluri muqarrardir. Muncha adolat va haqqoniyat quyoshlari bilan yorug‘an, oydinlashg‘an bir qit’aning o‘ta soxta, insofsizliq qorong‘usi turolmas, yo‘qolur. Musulmon sevgisi Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning qilgan g‘azotlaridan biri tugagach, bir musulmon xotin tushib qolgan yaradorlarni izlab topmoqchi bo‘ldi: o‘liklar orasiga kirdi. U yon-bu yonni izlar chog‘da “Oh… suv!..” degan bir tovush eshitdi. Bir yarador musulmonning suvdonini ko‘rdi. Ozroq suv topib shu yaradorning oldiga keldi. Boshini astagina ko‘tarib, suvni ichtirmoqchi bo‘ldi. Yarador musulmon dudog‘ini suvga yetkuzar chog‘da boshqa yoqdan “Oh… suv!..” degan o‘zga bir tovush keldi. Yarador suv keltirgan xotinga dediki: — Bu suvni mendan burun shu tovush egasiga eltib ber. Bir yo‘ldoshim yaralanib suvsab yotar ekan, men icholmayman. Xotin suvni ikkinchi yaradorga olib bordi. U ham suvni ichayin deb turgan chog‘ida “Oh… suv!..” degan yana bir tovush eshitdi, xotinga dediki: — Shu yo‘ldoshim suvsiz ekan, men icholmayman, ber suvingni shunga. Xotin suvni uchinchi yaradorga yetkazdi. U suvni ichayotganda birinchi yaradorning “Oh… o‘oldim… suvsizlikdan” degan tovushi keldi. Bu ham xotinga: — Suvingni mendan burun shu tovush egasiga ber! – dedi va o‘zi ichmadi. Xotin yana qaytib birinchi yaradorning oldiga kelsa, bechoraning o‘lib yotganini ko‘rdi. Ikkinchi yaradorning oldiga bordi, u ham o‘lib yotgan ekan. Uchinchi yarador ham suvsizlikdan o‘lib qolmasin deya yugurib ketdi: — Ey, voh!.. Bu ham o‘lib qolibdi! – deb suvni to‘kdi. Musulmonlarning o‘lim chog‘ida ham bir-birlarini qanchalik sevishlarini o‘ylab ko‘z yosh qildi. Abdurauf Fitrat Musulmonlar, g‘ofil qolmang! Yaqinda shahar dumasi ochilur. Shahar dumasi, shaharimizning pokizalik va obodlig‘i, maktablarimizning taraqqiy va intizomi, bolalarimizning tarbiyasi va xalqimizning tinchligi uchun kerak bo‘lgan ishlarni o‘z qo‘liga olur. Shahrimizdan xazinaga kiraturgan oqchalarni shu yo‘llarda sarf qilmoqchi bo‘lur. Bu oldimizdagi shahar dumasi eski hukumat zamonidagi shahar dumalarig‘a o‘xshamas. Yigirmadan o‘tgan butun shahar odamlarining ixtiyorlari bilan saylanurlar. Bu shahar dumasinda juhuddan, rusdan, musulmondan vakil qilib o‘turur. Va shahar ishlari uchun gapurushurlar. Shaharning qaysi qit’asinda kasalxonalar qurmoq kerak, shaharning qaysi qit’asindag‘i yo‘llarni tuzatmoq kerak, shaharning qaysi qit’asinda qancha maktab solmoq kerak deb kengashurlar va shul to‘g‘rilardag‘i ishlarni «vakillar ko‘bchiligi» ning qarori bilan qilmoqchi bo‘lurlar. Vakillar ko‘bchiligi hammadan burunroq eski qit’aning yerlarin tuzaturg‘a qaror bersa, chora yo‘q, shu qilinur. Vakillar ko‘bchiligi ko‘broq kasalxonalarni yangi qit’ada solmoqchi bo‘lsa, iloji yo‘q, shu bo‘lur. Mana shularni onglagan har jamoat, har millat shahar dumasiga o‘zidan ko‘broq vakil o‘tkazmoq uchun tirishadir, dumaning ko‘bchiligining o‘ziga olmoqchi bo‘ladir. O‘tgan haftadagi «tahriri nufus»dan ong‘lashildiki: shahrimizda xalqning to‘rtdan uchi musulmon va to‘rtdan biri rus, armani va juhud ekanlar. Shunga qarag‘anda unlar xazinadan chiqim bo‘laturg‘an oqchaning uch shunchasi biz uchun chiqg‘uchidur. Unlarg‘a maktab ochilsa bizga uchta; unlarg‘a bir kasalxona ochilsa bizga uchtasi ochg‘uli; unlarg‘a bir put bug‘doy kerak bo‘lsa bizga uch put kerakdir. Qisqasi shulkim: bizning haqimiz ularning haqtarindan uch yo‘la berkdir. Mana shularni tilab olmoq uchun shahar dumasining ko‘bchiligini olmoq kerak, shahar dumasining ko‘bchiligini olmoq uchun musulmonlarning saylov kuni lozimdur. Yo‘q, saylov kuni har kim o‘z uyinda o‘tirsa; boshqalar ko‘bchilik bo‘lib kelsalar va dumaning ko‘bchiligini o‘z taraflarig‘a o‘tkarsalar; u vaqt biz hech bir haqimizg‘a erisholmasmiz, yana eski kabi huquqsiz bo‘lib qolurmiz; yana eskisi kabi o‘z shahrimizda o‘z oqchamizning rohatini o‘zimiz ko‘rolmasmiz. Shuning uchun bag‘iribroq aytamankim, o‘z xalqlarini yana boshqalarning oyoqlari ostinda qo‘ymoqchi bo‘lmag‘an musulmonlar! Saylov kuni g‘ofil qolmanglar, ko‘bchilik bo‘lib kelurg‘a tirishinglar. Muxtoriyat Turkiston muxtoriyati… Temur xoqonining chin bolalari yoninda, turkistonning tubchak turklari orasinda, mundan o‘g‘urli, mundan muqaddas, mundan suyunchli bir so‘zni borlig‘iga ishonmayman. Turkiston turkining qonini qaynatg‘uchi, imonini yuksaltguchi bir quvvat bor esa, yolg‘uz shu so‘zda bordir: Turkiston muxtoriyati. Elli(k) yildan beri ezildik, tahqir etildik, qo‘limiz bog‘landi, tilimiz kesildi, og‘zimiz qoplandi, yerimiz bosildi, molimiz talandi, sharafimiz yumuruldi, nomusimiz g‘asb qiyaindi, huquqimizg‘a tajovuzlar bo‘ldi, insonligimiz oyoqlar ostiga olindi, to‘zimli turdik, sabr etdik. Kuchga tayangan har buyrug‘ga bo‘yinsundik, butun borlig‘imizni qo‘ldan berdik. Yolg‘iz bir fikrni bermadik, yashrun turdik, emgaklarimizg‘a o‘rab saqladik: Turkiston muxtoriyati! Mahkama eshiklaridan yig‘lab qaytg‘anda, yoruqsiz turmalarda yotg‘anda, yirtg‘uchi jandarmning tepgusi bilan yiqilg‘anda, yurtlarimiz yondurulg‘anda, dindoshlarimiz osilg‘anda ongimiz yo‘qoldi, miyamiz buzildi, ko‘zimiz yog‘dusiz qoldi, biror narsani ko‘rolmadik. Shul chog‘da, tushkun ruhimizni ko‘tarmak uchun shul qop-qorong‘u dunyoning uzoq bir yerinda oydin bir yulduz yalqillab tura(r) edi. Biror narsaga o‘tmagan ko‘zimiz shuni ko‘rar edi. Ul nima edi? Turkiston muxtoriyati! Biz aniq bila(r) edikkim, zolim Nikolay hukumati qancha yasharsa yashasun, adolat oshiqi bo‘lg‘an… rus demokratiyasi, haqg‘a tayangan bir inqilob, har millatning o‘z haqlarini qaytarur. Inqilob bo‘ldi. Rusiyaning «qo‘shma xalq jumhuriyati» usuli bilan idora etiluri jarlandi. Shul e’lon uzra yasalgan Ukraina, tatar va boshqa millatlar muxtoriyatlari tasdiq etildi. Qo‘nuq Turkistonniki edi. Turkistonning tarixiy xonbaliqlarindan ikkinchisi bo‘lg‘an Xo‘qand shahrinda to‘plang‘an Turkiston qurultoyi 27 no‘yabrning «milliy laylaturqadrimiz bo‘lg‘an» yarim kechasinda Turkiston muxtoriyatini e’lon qildi. Lekin shunisi borkim, bir millatning muxtoriyati yolg‘uz bir s’ezdning e’loni bilan tamom bo‘lmas. Muxtoriyatni olmoq va saqlamoq kerakdir. S’ezd o‘z ishini qildi. Qolg‘anlari butun millatning vazifasidir. Muxtoriyatni saqlamoq uchun kuch lozim. Muxtoriyatni bajarmoq uchun aqcha keraqdir. Bularni millat hozir qilsun. Siyosiy hollar Musibat ustina musibat! Rusiyaning hozirgi holini ochiq tasvir etmak uchun mundan yarasharoq so‘z yo‘qdir. O‘zgarishdan so‘ng Rusiyaning har tarafindan ochliqlar, yong‘inlar, talonlar, o‘lumlar, o‘ldurmalar bo‘lub turg‘an chog‘da birda chiqib qolg‘an g‘olibiya mag‘lublig‘i bilan buning ustig‘a tortilmas bir yuk bo‘lub cho‘kgan Rig‘o ketishini ko‘zda olsak va bunlar orqasindan bosib kelgan Boltiq mag‘lubligini o‘ylasak, Rusiyani musibat ustinda musibat bosayotibdir. Rusiya amrinda emdigi tuyoklarin ostinda yotibdir deyarg‘a bizni majbur qilur. Voqea Rig‘o kabi chidamli bir qo‘rg‘onning uch kunda ketmasi Boltiqdagi kimsalarning chopibg‘ina anglamasi, yolg‘uz ishtahalarni emas, o‘z istiqbollaridan ruslarning o‘zlarini dahi ma’yus qilur, rus kuchindagi e’timod va e’tiborlarni tubindan churutur hodisalardan edi. Ortiq ruslarning oxirlari qolg‘an bo‘lsa, butun-butun muttafiqlarig‘a qolg‘an edi. Ruslar «ehtimolki, muttafiqlarimiz o‘z maydonlarina orqasi aysimas yurushlar qilib, bizni o‘zigagina undururlar» deb o‘ylay edilar. Rus siyosiylari shunday bir umid bilan urunib turmoqda ekan, birdan Italiya qo‘shuni buzuldi. Olmonlar Italiya uzra temur yumruqlarini undirdilar va Italiya qo‘shuni o‘z boshini olib, Olp tog‘lari orqasiga chiqorg‘a majbur bo‘ladi. Olmonlar, yo‘llari uzra Italiya qo‘shunindan ming bo‘yla kuchliroq bir mone’ bo‘lg‘an Olp tog‘larin oshib, Italiya sahrolarig‘a indilar. Ortiq Italiya o‘lkasining har yoniga olmon qo‘shuni uchun yo‘llar ochildi… Italiyaning bu qo‘rqunch mag‘lublig‘i yolg‘iz italyonlar uchun emas, ruslar uchun daxi buyuk bir musibat bo‘ldi. Chunki yong‘inlarinda, badbaxtlik loyqalarinda botib qolg‘an Italiyaning qo‘lindan ololmag‘an muttafiqlar qo‘shunindan Rusiya uchun ko‘mak ko‘zlayikning ma’nosiz bir edugini yangidan isbot qilib berdi. Buning natijasinda Rusiyada yangi bir balo bosh ko‘tardi, bolshevik balosi! Bolsheviklar ikkinchi yo‘la qo‘zg‘aldilar. Bu qo‘zg‘alishlari birinchisi kabi bo‘lmadi. Bu daf’a buyuk ish qurdilar. Petrog‘radni olib, Kerenskiyni Rusiyaning sodiq bolalarini oxtarib topib, to‘plab keturmak uchun maydonlarig‘acha ketarg‘a majbur etdilar. So‘ng xabarlarga ko‘ra, Kerenskiy tevarakdan to‘plab keturdigi qo‘shun bilan bolsheviklarni yengmish va Petrog‘radni unlarning qo‘lindan yangidan olmishdir. Olmish, ammo bolshevik balosi boshqa bir tarafdan bosh ko‘tardi: Toshkandda to‘rt kunlik qonli bir urushmadan so‘ng, u yerni kerenskiychilardan bo‘shatdi. Ehtimolki, Kerenskiyning Petrog‘raddagi g‘oliblig‘i Toshkand mag‘lublig‘ini e’tibordai tushurar; ehtimolki, Kerenskiy Petrog‘rad ishini tuzatgandan keyin Toshkandni daxi yanadan olur. Lekin shunlargina bilan bolshevik kuchining yo‘q bo‘lurini umid etmak to‘g‘ri emas. Bolsheviklarning ikkinchi chiqishlari bilan birinchi chiqishlari orasidagi ayirbodni ko‘rgan kimsalar uchinchi bir chiqishning qanday bo‘lurini onglab olsalar kerak. Biz turkistoniylar uchun har holda kerenskiychilar bilan bolsheviklar orasindag‘i kurashning bitib ketmadigini ko‘zda tutib, o‘z yo‘llarimizni shunga ko‘ra tayin etmak kerakdir. Bilamizki, hozirda kurashib turgan bu oygi firqaning har biri hurriyatchidir. Ikkisining ham bizga zararli tushunchalari oxirda yo‘qdir. Zero, bunlardan birontasi istibdod tarafdori emasdir. Telbalik qilib chopibg‘ina bunlardan birini yoqlamoq foydali bo‘lib chiqmas. Rusiyada istibdod tarafdorlari chiqmaguncha musulmon kuchini sarf etmak xatodir. Hurriyatchi ikki partiya orasinda bo‘laturg‘an urushlarg‘a qotishmoq, bunlardan birini yoqlab o‘zgasidan yuz qaytarmoq ehtiyotsizliqdir. Bunlarning ham bizning so‘zimiz shu bo‘lg‘ulidirki: biz musulmonlar sizning hech biringizdan nafrat qilmaymiz. Bizning milliy vataniy haqlarimizni g‘asb etmak fikriga tushmaguncha biz hech biringizga dushman bo‘lmaymiz. Mana hozirda turkistoniylar uchun xatarsiz yo‘l shu yo‘ldir. Turkistonda ruslar Islom madaniyati tarixining oltunli, yulduzli yaprog‘laridan buyuk bir qismi, shubha yo‘qdirkim turklar to‘g‘risida yozilg‘andir. Yunondan Rumog‘a, Ubadan Konstantaniyaga ko‘chib kelgandan keyin ta’sir etib, taassublari tarafidan qo‘l-oyog‘i bog‘lanib qolg‘an madaniyati bilan ulum va funun Bag‘dod saltanatining egalari bo‘lg‘an abbosiylar tarafidan turgizildi va tarbiyot ko‘rdi. Ul chog‘larda yer yuzini baxtli muhabbat kabilari qoplag‘an abbosiylar saltanati yolg‘izg‘ina siyosat negizi emas, ulum va funun tengizi ham edi. Abbosiy saltanati nifoq, nizo’, axloqsizlik, g‘urur, isrof va zulm kabi ko‘b ijtimoiy kasallarga tutulib o‘lg‘andan keyin uning merosini yana islom siyosati bilan islom madaniyatini o‘z qo‘llarig‘a olib turklar saqladilar. Abbosiylardan so‘ng ulug‘roq islom saltanatlarini turklar qurdilar. Abbosiylar qo‘lidan chiqib yana egasiz qola boshlag‘an madaniyatni turklar asradilar. «Bizning Turkistonimiz esa mana shu buyuk turk ulusining beshigi bo‘lmog‘i bilan iftixor qiladi…» Yolg‘iz shumi?.. Abbosiylardan so‘ng islom saltanatig‘a qorovuyaliq qilg‘an turk xoqonlarining oxiri va ulug‘larida bo‘lg‘an Temur yanglig‘ turk qahramonini Turkiston yetishtirdi. Yana abbosiylardan keyin «madaniyati bashariya»ni boshlari uzra ko‘targan turk olimlarining kattakonlari bo‘lgan Abu Ali, Ulug‘bek, Javhariy va Forobiy kabi hikmat tiraklarini Turkiston chiqardi. Aflotunlar chog‘inda Afina, Rumo saltanatida Rumo, abbosiylar xulofotinda Bag‘dod qancha taraqqiy qilg‘an bo‘lsa Temur va Ulug‘beklar zamonida Samarqand shuncha taraqqiy qilg‘an edi. Bir kishining miyasig‘a chog‘irning qanday ta’siri bor esa, bir millatning miyasig‘a daxi saltanat va madaniyat ichgusining shundayin ta’siri bordir. Saltanat, boyliq va madaniyat ichgulari bizning miyamizni buzdi, bizni mast etdi, qo‘limizdag‘i saltanat qilichi bilan madaniyat daftarini bir yong‘a qo‘yib safoat cholg‘ularini oldiq. Urdik, choldik, ichdik, yiqildik, yondik va shunlar uchun bir-birimiz bilan urushdik… Mana shul chog‘larda edikim: Rusiya davlati bizning o‘lkalarimizni kelib bosdi. Ortuq biz Turkiston turklari Ovro‘pa madaniyati tashiguchi bo‘lg‘an rus millatig‘a yo‘liqg‘an bo‘ldik. Madaniy ruslar bilan qorishib unlarning dalolati Ovro‘paning madaniy va ijtimoiy usullaridan ta’sir olmog‘imiz kerak edi. Shuni ham aytib o‘taylukkim munday bir ta’sirni rus millatining avom tabaqasindan olmog‘i(mi)z mumkin emas edi, chunki bizning avomimiz unlardan yuz marotaba madaniyroq edilar (hozir ham shunday). Ruslarning o‘qug‘an, tarbiyali kimsalarindan sosializm va qardoshliq maslakinda yurg‘anlar ham imperatorlik hukumati tarafindan quvilib, qisilib turg‘anlari uchun bizga biror ta’sir qo‘yolmas edilar. Qoldi: rus millatchilari, rus boylari va rus po‘plari bilan shunlarning qorovuli bo‘lg‘an imperator hukumati. Biz turkistonlilar yolg‘iz shunlarning qo‘linda qoldiq. Ne ko‘rgan bo‘lsak shunlardan ko‘rdik. Endi ko‘raylik qani: shunlar bizning taraqqiyimiz va Ovro‘pa madaniyatidan ta’sir olmog‘imiz yo‘linda biror ish qildilar yoxud qilmoqchi bo‘ldilarmi?! Rus kapitalistlari bilan rus po‘plarining sodiq va ishonchli qorovullari bo‘lg‘an eski Rusiya huqushti elli(k) yil orasida, Turkistondag‘i turk bolalarining foydalarig‘a biror ish ko‘rdimi, ko‘rmoqchi bo‘ldimi? Mana shul savolga, Maltaassuf, «yo‘q!» dan boshqa bir javobimiz yo‘qdir. Yurtimiz: elli(k) yillik bir idorayi askariya ostida turdig‘i uchun biz Ovrupaning madaniy millatlari bilan ko‘risholmadik, unlarning ijtimoiy va iqtisodiy fikrlarindan istifoda qilolmadiq. Bizning ko‘zlarimizni ochdurmaslik uchun fikri ochiq totor qarindoshlarimizning daxi Turkistonda maktab ochmoqlari man’ etildi. Bizning diniy va milliy hissiyotlarimizni o‘ldurmak tilagi bilan O‘straumov kabi mutaassib po‘plarning idorasinda gazit chiqarildi, maktab ochildi, lekin o‘z millatimiz va diyonatimizni onglatmoq uchun o‘z tarafimizdan ochilg‘an maktablar va gazitlar bog‘landi, shar’iy mahkamalarimizning huquq va salohiyatlaridan buyuk bir qismi g‘asb etildi. Mahkamalarda, uylarda, yo‘llarda, tijoriy ishlarda, hatto vagon arbalarinda Turkiston yerlisining huquqi Turkiston musofiri bo‘lg‘an rus va armanidan tubanda tutildi. Buxoro va Xiva hukumatlarining doxili istiklollarig‘a, milliy nomuslarig‘a turli bahonalar bilan tajovuzlar qilindi. Bu ikki hukumat o‘z o‘lkalarinda o‘z hukmlarini yurutolmas bo‘ldilar. Mamlakat va millat qoidalarig‘a bu ikki hukumat tarafindan sira biror harakat sodir bo‘lmadi, sodir bo‘lg‘anda ham necha qizg‘in no‘talari va zolimona tahqir bilan yo‘llari olindi. Elli(k) yilda(n) beri shundayin haqsizliqlar va zulmlar orasida bo‘g‘ulib kelgan Turkiston bukun o‘z muxtoriyatini Ho‘qandda e’lon qildi. Ho‘qandda ijtimo’ etgan Turkistonning to‘rtinchi qurultoyi o‘z bayonnomasinda «Fedaratsa asosiga qurulg‘an Rusiya jumhuriyati ila birlikda qolg‘ani holda Turkiston muxtoriyati» degan so‘zni yozib, Rus hukumatig‘a sodiq qoldig‘ini bildurdi. Shuning ila barobar «Turkistonda aqliyat tashkil qilg‘an millatlarning huquqtarining har jihatdan saqlanmog‘ini ham tantanali suratda» e’lon etilib, adolat bayrog‘ini ko‘tardi. Elli(k) yildan beri shuncha zulm orasinda qolg‘an Turkiston bu kun o‘z muxtoriyatini shuncha adolat va sadoqat bilan e’lon qilibdir. Bilmadik nechundurkim, hozirda ish boshinda adolatchi bolsheviklar muni qabul qilmay turalar..! Yassaviya maktabi shoirlari to‘g‘risida tekshirishlar O‘rta Osiyo turk adabiyotining islomdan so‘nggi maktablari orasida Yassaviy maktabi juda nufuzli, katta o‘rin tutadir. Bu maktab asrlar bo‘yicha bizning o‘lkada xonaqoh, ibodat adabiyoti yarata keldi. Elimizga dunyodan, hayotdan uzoqlashish, riyozat chekish fikrlari kabi buddizm qoldiqlarini islomiy bo‘yoqlar bilan bo‘yab berishga mashg‘ul bo‘ldi. Zotan, ibodat adabiyoti islomdan burung‘i turklarga yot bir odat emas edi. Milodiy o‘ninchi asrda Buxorodan Xitoyg‘a sayohat qilg‘an sayyoh Abu Dulaf musulmon bo‘lmag‘an qirg‘izlarning o‘z ibodatlarida tizmalar o‘qug‘anlarin ko‘rgan edi. (Majma ul-buldon, J. 3. b. 448.) Yassaviy tariqatining, aynuqsa, dala turklari orasida muncha keng shaklda tarqalishig‘a, bu tariqatning ularning eski ibodat shakllariga yot bo‘lmag‘anin ham katta roli bo‘lg‘an, albatta, Yassaviy maktabi adabiyotining boshida milodiy 1166 (hijriy 562) da o‘lg‘an mashhur Ahmad Yassaviy turadi. O‘rta Osiyo so‘fiyligining «yassaviya» yoxud «jahriya» qo‘lini ta’sis qilg‘an bu odam haqida «Maorif va o‘qitg‘uchi» jurnalining o‘tgan sonlarida yozilg‘an edi, yangidan bu haqda so‘zlash kerak emas. Yolg‘uz shuni aytib o‘tish lozimki, yassaviy tariqati O‘rta Osiyoda abdulholiqiylar yoxud naqshbandlar tariqati bilan muvozi’ suratda davom etib kurashkan. Temuriylar zamonida yassaviylar bu kurashda muvaffaq bo‘la olmag‘an bo‘lsalar ham, o‘zbeklar huqumati zamonida raqiblarini yenga olg‘anlar. Shayboniyxonning yassaviy shayxlarining fotiha va tashviqlari bilan kelib mashhur naqshband shayxi Xo‘ja Ahrorning sevgili o‘g‘li Xo‘ja Yahyoni(ng) ukalari bobolari bilan o‘ldurilishi yassaviylarning yengishlari edi. O‘zbek Ubaydullohxon zamonida yashab, milodiy 1542 yilda o‘lg‘an Mahdum A’zami Dahbidiyning naqshband bo‘lgani holda «jahriya»ni qabul qilishi O‘rta Osiyoda yassaviylik g‘alabasining xorijiy bir shohidi bo‘ldi. Mana shundan so‘ng yassaviylikning O‘rta Osiyoda g‘olib sifati bilan davom qilg‘anin ko‘ramiz. Yassaviylikning xoh g‘alabasidan burun, xoh undan keyin O‘rta Osiyoda bir ko‘b shoirlar yetishtirganini qabul etmak judayam yanglish bir harakat bo‘lmasa kerak. Lekin bu Yassaviy shoirlarining asarlari bo‘lsun, o‘zlari bo‘lsun haligacha tamoman ma’lum bo‘lmag‘an, tekshirilmag‘an! Bulardan bizga yaxshigina ma’lum bo‘lmag‘ani Ahmad Yassaviyning shogirdi, muridi Hakim Sulaymon otadir. Hakim Sulaymon ota Ahmad Yassaviyning uchinchi xalifasi bo‘lub, uning ko‘rsatishi bilan Xorazmg‘a borib shayxlik qilgan. Milodiy 1186 da (piridan yigirma yil so‘ngra) o‘lgan. Qabri Xorazmda Boqirg‘on degan joyda, qo‘limizda bo‘lg‘an «Tazkirat ul-avliyo»larning biri Ahmad Yassaviyning «Hikmat»laridan bermagani holda hammalari Hakim Sulaymon otaning ko‘b «Hikmat»lari borlig‘ini bir og‘izdan aytib turadilar. Boqirg‘on hikmatlari «Boqirg‘on kitobi» ismi bilan 1906 yilda Qozonda bosilg‘an. Bori 75 betdangina iborat bo‘lgan bu kitobchadagi she’rlarning hammasi Hakim ota she’rlari emas. Onda Hakim Sulaymon otaning yolg‘uz 36 parcha she’ri bo‘lg‘an, hammasi 1180 misradan iboratdir. Mazkur kitobchada Hakim otadan boshqa ko‘brak she’rlari yozilg‘an shoirlar tubandagilardir: 1. Shamsdan 24 parcha, hammasi 1058 misra’. 2. Iqoniydan 19 parcha, hammasi 266 misra’. 3. Qul Ubaydiydan 13 parcha, hammasi 334 misra’. 4. Qul Ahmaddan 10 parcha, hammasi 238 misra’. 5. Mashrabdan 10 parcha, hammasi 201 misra’. 6. Xudoydoddan 4 parcha, hammasi 64 misra’. 7. Qul Sharifdan 4 parcha, hammasi 70 misra’. 8. Faqiriydan 2 parcha, hammasi 28 misra’. Bulardan boshqa Hubbiy, Qosim, Tafiy (?), Fikriy, Masihiy, G‘azzoliy, Gadoli, Qul Sharafiy, Shuhudiy, Behbudiy, Bobo Mochin, Toj kabi shoirlardan biror parcha bosilg‘an. Bu shoirlardan «Qul Ahmad», «Xoja Ahmad», «Qul Xoja Ahmad» taxalluslari bilan hikmat yozg‘ani Ahmad Yassaviyning o‘zi bo‘lgani kabi, Mashrabning ham o‘zimizning Shoh Mashrab bo‘lish ehtimolini qabul qilib, kim ekanlari tekshirilmag‘an shoirlarg‘a o‘tamiz. Iqoniy: taxallusidan uning Farg‘onadagi Iqondan ekani onglashiladir. Yassaviy shoirlari orasida mashxur Mahdud Shayxning muridi Qamol Shayx degan odam bor. «Rashahot» bilan birga butun manoqib kitoblari bu Kamol Shayxning Xoja Ahmad bilan suhbat qilg‘anin xabar bermakdalar. «Rashahot» uning daqida «az kibori ashobi Mahdud shayx buda va dar viloyati Shosh minom doshta» deb Toshkandda turg‘anin bildiradir. Hijriy 1096 da buxoroli Mufti Zinda Ali tomonidan yozilg‘an «Samarat ul-mashoyix» otli kitobda ham «Lama’ot»da bu Kamol Shayxning tarjimayi holi yozilg‘anda «laqabi eshon Iqoniy ast solho dar qariya Aliobod Samarqand budand, vafoti sharif eshon on jost», deyiladir. Buning katta nufuzli bir shayx bo‘lub, «Ikkinchi Ahmad Yassaviy» deb atalg‘anini mazkur «Samarat ul-mashoyix» egasi qayd etadir. Xoja Ahror mundan gapirganda «Xurosondan Toshkandg‘a qaytg‘animdan so‘ng menga kelib turar edi», degan. Xoja Ahrorning hijriy 806 da tug‘ilib, 29 yasharliqda Xurosondan Toshkentga qaytg‘anini nazarga olganda Iqoniyning hijriy 835 dan so‘ngra Toshkendda bo‘lg‘anini, ondan keyin Samarqandg‘a ko‘chib, shunda vafot qilganini aytish mumkin. «Samarat ul-mashoyix»ning mazkur Shayx Kamol haqida «va hikmati bisyor az eshon sar zada ast, mashtamil bar maorif va daqoyiqin qavm ast», deb uning so‘fiylikka oid bir ko‘b hikmatlar yozg‘anin to‘g‘risidagi ifodasini ham yuqoridag‘i ma’lumotg‘a qo‘shub qo‘ysak, Boqirg‘on kitobidagi Iqoniyning shul Kamol Shayxdan boshqa kishi bo‘lmag‘aniga shubha qolmaydi. Hijriy to‘qqizinchi asrda o‘lgan bu chig‘atoy — yassaviy shoirining butun she’rlari shul Boqirg‘on kitobida bosilg‘an 19 parchadan iborat emasdir, albatta. Shuning uchun bu 19 parcha bilangina Iqoniyning shoirlig‘i to‘g‘risida bir fikrga kelish(i) qiyin. Shunday bo‘lsa ham shul parchalarga qarab uning hayajonsiz, kuchsiz, quruq bir nazmchi voiz bo‘lg‘anig‘a hukm qilishdan boshqa choramiz yo‘q. Shams: Boqirg‘on kitobidagi hikmatlarda buning ko‘proq Shams, bir o‘rinda Shamsiddin, bir-ikki o‘rindag‘ina Shams O‘zgandiy taxallus qo‘yg‘anini ko‘ramiz. Haligi «Samarat ul-mashoyix»ning ifodasicha, Kamol Shayx Iqoniyning Sayid Ahmad degan bnr muridi bo‘lg‘an. Iqoniyg‘a yigirma yil xizmat qilg‘an. Yigitlik chog‘ida Xoja Ahror bilan suhbati bo‘lg‘an. Samarqandda vafot qilgan. Qabri u zamonlar «Shayxzoda darvozasi» atalg‘an «Poyiqaboq» darvozasida ekan. Mana shu Sayid Ahmad Shayxning muridlaridan biri Mavlono Shams O‘zgandiydir. Asli, O‘zganddan, rasmiy tahsilini Hirotda bitirg‘an. Undan qaytib, Samarqandda Sayid Ahmad Shayxg‘a murid bo‘lgan. So‘ngralari yana O‘zgamg‘a borib, dehqonchilik bilan mashg‘ul bo‘lgan. Piri Sayid Ahmad Shayx o‘lgandan keyin Samarqandga qaytib, uning o‘rnini olg‘an bo‘lsa kerak. Vafoti Samarqandda bo‘lib, piri Sayid Ahmad Shayxning yoniga ko‘milgan. «Samarat ul-mashoyix» egasi muning ham hikmatlari borlig‘ini so‘ylab: «Qutbi jahon Sayid Ahmad, yo (hazrat) shayxam madad» misra’ini o‘z kitobiga ko‘chiradir. Bu misra’ning Boqirg‘on kitobidagi Shams she’rlaridan shul bizning Shams O‘zgandiyniki ekanin qat’iy suratda bildiradir. Shams O‘zgandiyning Xoja Ahror bilan munosabati to‘g‘rusida hech bir qaydg‘a uchramadik. Shuning uchun buning Xoja Ahror o‘lg‘andan so‘ng Samarqandda turub, hijriy o‘ninchi asrda vafot qilg‘anini qabul etish judayam yanglish bo‘lmasa kerak. Qul Ubaydiy: Ubaydiy, Ubaydulloh, Qul Ubaydiy taxalluslari bilan hikmatlar yozgan bu odam, bizning fikrimizcha, mashhur o‘zbek xoni Ubaydulloh(xon)dan boshqa kishi emas. Mashhur Shayboniyning Marv tegrasida shoh Ismoil Safaviy o‘ldurulishi (1510) munosabati bilan ajib suratda tarqalgan o‘zbek askari kuchini bot fursatda yiqib, Shayboniy olg‘an o‘lkani yangidan ziyod qilg‘an. Bu odam noyib ham mustaqil bo‘lub, yigirma sakkiz yil hukumat surdi va milodiy 1539 da vafot qildi. Bu odam o‘zining hukumat ishlarig‘a qaramasdan shayxliq ham qilar edi, bu ishni o‘zining siyosati uchun lozim bilar edi. «Samarat ul-mashoyix»ning yozganiga ko‘ra, Ubaydullohxonning tariqat nisbati Avliyo Qoraxon otli bir shayx vositasi bilan Hakim Sulaymon otag‘a boradir. Yolg‘uz bu qadar bilan qolmag‘an, o‘zi uchun muridlar olg‘an. Jahr majlislarig‘a ishtirok qilg‘an. Uning o‘limi bilan topilg‘an tarix moddasi «Zikr go‘» (ya’ni zikr etguchi»dir). Ubaydullohning yassaviylar bilan juda qat’iy bog‘lang‘aniga yana bir dalil, yassaviy shayxi Xudoydodning muridi Muhammadiyor No‘g‘ay otag‘a o‘z qizini berganidir. (No‘g‘ay ota 1533 da o‘lub, Samarqandning «So‘g‘d» degan mavze’ida ko‘milgan.) Ubaydulloh shoir ham mutasavvif shoirdir. Uning forsiycha yaxshi she’rlar yozganini «Muzakkir ul-ahbob», «Majma ul-fusaho», «Tazkirat us-salotin» kabi manba’lar keng suratda bizga bildiradirlar. Uning forsiycha bir g‘azali mashhur mutasavvif Mahdum A’zam nomidan tasavvuf uslubida sharh qiling‘an (mening kutubxonamda bor). Ubaydullohning forsiycha she’rlarida taxallusi ko‘brak Ubaydiy bo‘lub, ba’zan Ubaydullohdir. Mas’alaning qorong‘i tomoni uning o‘zbekcha hikmatlar yozib yozmag‘anidir. Yuqoridan beri uning hayoti haqida berganimiz ma’lumotdan Ubaydullohning hikmatlar ham yozg‘anini gumon qilish mumkin edi. Ish bizning gumonimiz bilangina qolmadi. Yaqinda Buxoroda topilg‘an «Devon»i uning Navoiy maktabiga ergashib turkiy g‘azallar, Yassaviy maktabiga ergashib hikmatlar yozg‘anini ham ochiq isbot qilg‘an bo‘ldi. Xudoydod: yassaviy shayhlaridan bo‘lib, Shayboniyxong‘a yordam qilmagani uchun Samarqanddan Hirotg‘a haydalg‘an Jamol Shayxning murididir, Yassaviylikning nufuzli shayxlaridan bo‘lg‘an Olim Shayx tomonidan yozilg‘an «Lama’ot» kitobi muning manoqibidir. Milodiy 1532 nchi yilda o‘lub, Samarqand shahridan uch toshliq yo‘lda ko‘milgan. Mutasavvif shoirlardan bo‘lub, taxallusi Xudoydoddir. Forsiy she’rlaridan bir ozi «Lama’ot» kitobida bordir. Bizning fikrimizga ko‘ra, turkiy hikmatlar yozgan Xudoydod ham shuning o‘zidir. «Boqirg‘on kitobi»dagi Qosimning Karmanadagi mashhur Yassaviy shayxi Qosim Shayx Aziron bo‘lish ehtimoli esga kelgani kabi, Qul Sharifning Buxorodag‘i qabri tunokungacha yassaviychilarning jahr o‘rni bo‘lg‘an Mavlono Sharnf bo‘lishi mumkin. Xubbiy Hakim otaning o‘g‘li Xubbi xoja bo‘lg‘ani kabi, Mochinning Ahmad Yassaviy muridi Bobomochin ekanini qabul qilishg‘a ilmiy bir mone’ bo‘lmasa kerak. Nasimiy mashhur ozari(y) mutasavvif shoiri Sayid Imod Nasimiydir. G‘aribiy to‘g‘rusida ochiq bir narsa ayta olmaymiz. Bizda bu ismda bir shoir bo‘lg‘ani ma’lum bo‘lsa-da, haligacha yaxshi tekshira olmaganimiz uchun bu xususda gapirmay o‘tish munosibrakdir. «Boqirg‘on kitobi»dagi shoirlarning qolg‘an qismlari xususida hech bir narsa topa olmag‘animizni etirof qilamiz. Tekshirishlar davom qilg‘an sayin bu jihatlarning ham ko‘brak ochila borishlari ma’lum. Yopishmagan gajjaklar (O‘rtoq Boybo‘latovga ochiq xat) Do‘stim, oylar, yillar tirishib, bir asar chiqarg‘an muharrir do‘stlarning shu asar haqidag‘i muhokamalarini tinglashdan, asarning kamchiliklarini o‘rganishdan, albatta, mamnun bo‘ladi. Mening «O‘zbek adabiyoti namunalari» atalg‘an arzimas bir asarim haqinda fikringizni bildirmaslik uchun ancha urinib, 3-son gazetni to‘ldirganingizni ko‘rib mamnun bo‘ldim, o‘qib ham chiqdim. Hamma gapdan burun Sizga tashakkurimni bildiraman. Lekin baxtga qarshi maqolangizni shunchalar kengaytirgansizkim, kengligi asl maqsadning yo‘qolishig‘a sabab bo‘lg‘an. Bizda bolalar orasida «Ko‘zim ko‘rmaydir» degan bir o‘yun bor: Bir bola ko‘zini qattiq bog‘lag‘andan keyin qo‘lig‘a uzun bir tayoq olib, o‘rtada turadi. Boshqalar uning oyog‘ini olmoq uchun atrofdan hujum qiladilar. Tayoqli bola tayog‘ini ko‘tarib «ko‘zim ko‘rmaydir» deb, tez-tez aylanaberadir, tayoq kimga to‘g‘ri kelsa, shunga tegadir. Maqolani yozg‘anda sizning qalamingiz ham shul ko‘zi ko‘rmas bolaning tayog‘iga o‘xshag‘an: aylang‘an, aylang‘an, kimga to‘g‘ri kelsa, shunga tekkan, orada mening kitobim unutilgan, juda oz o‘rin olg‘an. Har holda maqolangiz ko‘brak mening shaxsimga qaratilg‘ani munosabati bilan javob tarzida emas, dardlashuv shaklida bir narsa yozaman. Mening asarimni boshlab tartibig‘a e’tiroz qilg‘aningiz ko‘riladir. Adabiyot tariximizni qoplovi «Feo‘dalizm», «Savdo sarmoyasi» kabi davrlarg‘a ajratishimg‘a qarshi kabi ko‘rinasiz. Lekin o‘z fikringizni, ya’ni qanday taqsim qilish lozimligini yozmag‘ansiz. Adabiyot mutaxassisi yoki adabiyot tarixi bilan mashg‘ul bir odam bo‘lsa edingiz, shu bahona bilan sizga «yopishmoq» mumkin edi. Lekin men bilamankim, siz adabiyot tarixining odami emassiz, maqolangiz esa tasodifiy bir hodisadir. Shuning uchun bu to‘g‘rida ma’zur ko‘raman sizni. Lekin shuni aytib o‘tamankim, adabiyot tarixini taqsim qilishda marksizm usulining talab qilg‘ani yo‘l mening taqsimimdir. Bu taqsimni o‘zbek adabiyoti tarixig‘a tadbiq qilishning o‘zi katta ham yangi bir ish. Buning hududini tayin qilishda ba’zi yanglishlarning bo‘luvi mumkin. Lekin ularni ko‘rsatib, isbot qilib, so‘ngra til tekirish kerak edi. Siz maqolangizda bu tomong‘a yaqinlashg‘an davrlarni bir-biridan ajratg‘an xususiyatlarning yo‘qlig‘idan shikoyat qilg‘ansiz, lekin siz har davrning namunalarini o‘qidingizmi? Masalan: «Savdo sarmoyasi» davri bilan «Feo‘dalizm» davrining namunalari orasidag‘i Shaklda va mazmundag‘i ayirmalarni ko‘ra oldingizmi? Yoki ko‘rib, qanoatlanmadingizmi? Qanoatlanmagan bo‘lsangiz siz bu davrlarni bir-biridan ajratgan qanday xususiyatlar istaysiz (ki namunalari bo‘lmasin). Mas’alaning bu tomonlaridan (ya’ni eng muhim va foydaliq tomonlaridan) maqolangiz sukut qiladir. Holbuki, shu tomonlarni ochiq ko‘rsatganingizdagina mening kitobimning kamchiliklarini ko‘rsatgan va menga bir narsa o‘rgatgan bo‘lur edingiz. Buni ham sizning adabiyot tarixining odami bo‘lmasdan tasodifan maydong‘a chiqg‘aning‘izga bag‘ishlayman. Maqolangizda chig‘atoy adabiyoti va uning proletar adabiyotiga asos bo‘lishi to‘g‘rilarida ko‘brak turib, bor kuchingiz bilan hujum qilasiz. Fitrat so‘z boshida «Chig‘atoy adabiyoti proletariat adabiyotig‘a asos bo‘ladir degan» deb, qoravul qichqirasiz, hatto mening bosh so‘zimda o‘zingizga yordam qilgudek ko‘ringan bir-ikki jumla ham keltirasiz. Chig‘atoy adabiyotining proletar adabiyotig‘a asos bo‘lishini da’vo qilmoq nari tursin, bosh so‘zimda chig‘atoy adabiyotini mafkura yog‘idan yaramag‘anini so‘ylaganman. Mening «namunalar»im bosilmasa edi, sizdan boshqa hech kimning qo‘lida uning nusxalari bo‘lmasa edi, bosh so‘zimdan ko‘chirganingiz bir-ikki jumlaning balki sizga foydasi bo‘lur edi. Nima choraki, kitob O‘zbekistonda bosilib tarqalg‘an. Sizning maqolangizni o‘qug‘an har kim mening bosh so‘zumni ham o‘quy oladir. O‘qug‘ach, sizning menga tuhmat qilib turganingizni ham onglaydir. Men so‘z boshimdag‘i iboralarning mas’alag‘a daxldorliq qismini tamoman ko‘chiraman, yangidan o‘qishingizni va e’tirozingizni shunga tayandirib, yangidan maydong‘a chiqishingizni talab qilaman: «Biz o‘zbeklarning va, umuman, O‘rta Osiyo turklarining tarixiga oid arabiy, forsiy, turkiy tillarda bir ko‘b asarlar yozilg‘an. Biroq bu asarlar bizning siyosiy harakatlarimizni tor bir ramkada ko‘rsatmakdan boshqa ishga oz yaramakdadir. Xalqimizning, o‘lkamizning ijtimoiy-iqtisodiy hollarig‘a oid xabarlarni bu asarlardan istab topish juda qiyindir, ba’zan mumkin ham bo‘lmaydir, chunki yo‘qdir. Adabiy tariximizni tekshirish esa, mana shu kamchiliklarni to‘ldirishga katta yordam qiladir. Feo‘dallarning, umuman, hokim sinfning omma bilan munosibatlarini, ommag‘a qarashlarini, ziyolilarning, shoirlarning hokim sinfga munosibatlarini, hokim sinf foydasig‘a qarab ommani qanday ovutg‘anlarini, oldag‘anlarini, hokim sinfning kayf-safoni (Bobircha, «aysh va fisqi») qaysi darajalarg‘a chiqarg‘anlarini yolg‘iz adabiyot tariximizda ko‘rishimiz mumkindir. Bundan boshqa, tarixiy san’atkorlarimizni tekshirish, ularning tajribalaridan qo‘rmoq istaganimiz proletar adabiyoti uchun foydalanish ham keraksiz bir harakat bo‘lmaydir. Mana shu qisqag‘ina izohot bu kitobni qanday tilak bilan tartib qilg‘animizni bildirg‘an bo‘lsa kerak. Mana shu so‘z boshimda mening tomonimdan aytilgan gaplar. Mana shu gaplarga e’tirozingiz bo‘lsa, aytishga haqlisiz. Yo‘qsa, mening so‘zlarimni bosh-oyog‘ini kesib tashlab, o‘z maqsadingizga yaroqliq bir holg‘a kirgizib, so‘ngra e’tiroz qilishingiz ilmiy bir harakat sanalmaydir. Kitobimning 3-bo‘limig‘a «Savdo sarmoyasi» davri ismini berg‘animdan ham rozi bo‘lmaysiz, shu istilohotning oxirida kattakon bir ? (so‘roq) alomati qo‘yasiz. Biz temuriylar davrini «savdo burjuaziyasi» davri deymiz. Temuriylarning jahongirligi(ni) O‘rta Osiyo savdo sarmoyasining taraqqiysi bilan izoh qilmoqchi bo‘lamiz. Buning uchun qo‘limizda yetarlik materiallar bor. Siz shunga rozi emasligingizni chiroyli bir savol alomati bilan ifoda qilasiz, bu davrni nima deb atamoq to‘g‘risida fikringizni bildirmaysiz. Siz shuni unutasizki, savol alomati qancha chiroyli bo‘lsa bo‘lsin, ilm uchun bir narsa bermaydir. Bizning fikrimizga qarshi ekansiz, fikringizni bildiring. Ayting-chi, temuriylar davriga qanday ism berasiz? Bundan so‘ng maqolangizda mening tarjimayi holimni tekshirishga kirishasiz. Mening bir vaqtlar mutasavvif, panislomist, panturkist bo‘lg‘animni turli dalillar bilan isbot qilmoqchi bo‘lasiz. Piloningiz yaxshi. Maqtanarliq pilon, agar siz mening «Namunalar»imni burungi panislomistligimning, panturkistligimning davomi ekanini, bu asarim bilan mazkur fikrlarning bittasini o‘zbek ommasiga taqdim qilg‘animni isbot qila olsa edingiz, ishingiz ko‘b muvaffaqiyatli chiqar edi. Lekin buni qila olmag‘ansiz. Bu kun bir ko‘b kishilarning moziylari haqida gapirish mumkin. Lekin, bu gapirishgina yetarli emas. Ularning moziylari bilan bugungi ishlari orasidagi munosibat va aloqani kashf etish kerak! 8—, 10— yillarda (ya’ni, 18—20 yil burun) yozilg‘an asarlarimdan shohidlar keltirasiz. Azizim, mening qo‘limg‘a qalam tutib, asar yozg‘animga yigirma yil to‘lg‘anini o‘zingiz ham e’tirof qilasiz. Bu yigirma yil orasida men o‘zbekcha, tojikcha yuz o‘n pechatniy listlik asar yozdim (maqolalar hisob emas). Bularning hammasini Sho‘ro hukumatig‘a, proletariat mafkurasiga yararliq asarlar ekanini hech da’vo qilmadim va qilmayman-da. Ishning bu tomonini onglamoq uchun tarjimayi holimni o‘zimdan tinglang. Men Osiyoning eng qora diniy markazlaridan va qora bir usuli idorag‘a tobe’ bo‘lg‘an Buxoroda 1884 yilda tug‘ildim. Birinchi tarbiyani eski usuldagi diniy bir maktabdan oldim. Maktabdan chiqg‘ach, diniy bir madrasaga kirib oldim, namoz o‘qidim, mutaassib bir musulmon edim. Hatto Buxoroda yangi boshlang‘an jadidlar harakatig‘a qarshiliq ham qildim. So‘ngralari jadidlar harakatig‘a oralashdim. U zamondag‘i zehniyaxning ta’siri eski jadidlarning tashviq va yordami bilan Turkiyaga tahsil uchun bordim. Mana shu vaqtlarda men diniy reforma tarafdori edim: dinni fan bilan kelishtirish, fang‘a to‘g‘ri kelmayturgan xurofot qismini dindan chiqarish, dinni tozalash xayollarig‘a ishong‘an edim. Voqean esa, panislomizm g‘oyasining churugan bir xayol ekanin kun sayin ocha bordim. Panislomizmning bo‘lmag‘ur xayol ekanini onglag‘ach, panturkizm xayolig‘a berildim. Bu vaqtlarda yozg‘anim asarlarda diniy reformistik fikrlar ko‘rilib turadir. Siz esa, mazkur asarlardan mening mutasavvif ekanimni chiqarasiz. Tasavvuf bilan ozg‘ina tanish bo‘lsa edingiz, u kitoblarda mazkur maslakning asarini ko‘ra olmag‘aningizni o‘zingiz onglar edingiz. Men hech bir vaqt tasavvufga mansub bo‘lmadim. Lekin adabiyot tarixini tekshiruchi bir muallim bo‘lg‘anim sifati bilan tasavvufni juda ko‘b tekshirdim. Bu kun tasavvufning har tomonini, eng qorong‘u sirlarini bilaman. Hatto, shu kunlarda «O‘rta Osiyoda tasavvuf tarixi» ismli bir kitob vujudga keltirmak uchun tirishmakdaman. Tasavvufning qanday zaharli, qanday zararli bir maslak ekanini har kimdan ham yaxshi bilib olg‘anman. Lekin hech vaqt mutasavvif bo‘lmaganman. So‘ngralari hayot meni panturkizmda qotib qolishda qo‘ymadi. Men o‘zbek millatchisiga aylandim. 17—18-yillarda O‘rta Osiyoda panturkizm harakati kengaymoqda edi, ayniqsa, Toshkentda panturkizm fikri bilan sug‘orilgan turli to‘dalar tashkil bo‘ldi. Turk tillarini, turk adabiyotini birlashtirish shiori ostida «ish» ko‘rildi. Maktablarda usmonli adabiyoti ona tili darslari o‘rnida qabul qilindi. Mana shu harakatga qarshi o‘zbek tili, o‘zbek adabiyoti shiorlari ostida «Chig‘atoy gurungi» tashkil qilindi. «Chig‘atoy gurungi» o‘zbek millatchiligi: o‘zbek tili, o‘zbek adabiyoti shiorlari ostida panturkist to‘dalarga va shunga berilg‘an o‘ng jadidlarga qarshi kurashdi. Siz «Chig‘atoy gurungi» panturkist edi» deb qichqirasiz. Ayniqsa, shu kunlarda «Chig‘atoy gurungi»ni panturkist deyish mo‘da holig‘a kirib boradir. Holbuki, «Chig‘atoy gurungi» o‘z zamonida panturkizm, panislomizm harakatlarig‘a qarshi kurashmoqda edi. Sizga ikkita fakt ko‘rsatay: butun maktablarimizda «Umumiy turk tili, umumiy turk adabiyoti» shiorlari hukm surganda «Chig‘atoy gurungi» o‘zbek tili, o‘zbek adabiyotini o‘rgatish uchun Hadrada pulsiz dars berishni e’lon qildi. Muallimlikka men, Shokirjon Rahimiy, Qayum Ramazon tayin etildik. Darsga bir ko‘b muallimlar davom etmakchi bo‘lib keldilar. U vaqtlarda Toshkent maorif sho‘basida panturkistlarningto‘dachilik yordamchilari hukm surar edi. Mana shular bir darsdan keyin bizni quvdilar, talabalarni tarqatdilar. Bir kecha «Chig‘atoy gurungi»ning majlisi bo‘lg‘an edi. Gurung a’zolari tomonidan yozilgan asarlarni o‘qib, muhokama qilmoqda edik. Toshkentning eng katta tashkilotining birida turg‘an bir o‘rtoq vintovka ko‘tarib kelib, majlisimizga birdan kirdi. «Chig‘atoy gurungi»ning maqsadini so‘radi. «Siz dinga qarshi fikr tarqatar ekansiz, Muhammad payg‘ambarning me’rojini inkor qilar ekansiz» deb taftishga kirishdi va bizni «mundoqa yo‘lsiz harakatlar»dan man’ qilib ketdi. Mana bularning hammasi panturkistlarning ig‘vosi bilan bo‘lar edi: «Men «Chig‘atoy gurungi» proletar mafkurasini tashir edi» demayman, buni da’vo qilish jinnilikdir. Tuzuk, «Chig‘atoy gurungi» bevosita siyosat bilan mashg‘ul bo‘lmoqni istamadi, yolg‘iz til, imlo, adabiyot bilan shug‘ullandi. Lekin uning ayrim a’zolari o‘sha vaqtda so‘l millatchi edilar. Shuning uchun ayta olamizkim «Chig‘atoy gurungi» jadidlarning so‘l qanoti bo‘lib, u jadidlardan til, imlo, adabiyot va dinga qarshi ham panturkizm va o‘zbek millatchiligi bilan ajralar edi. Mana bu tafsilot «chig‘atoy gurungi»ning ko‘rsatilgan ilmiy ishlarda panturkist, panislomistlarga nisbatan inqilobiy yo‘l tutganini ko‘rsatadi. Agar siz «Bu ilmiy to‘garakning a’zolari o‘zbek millatchilari edilar, shuning uchun bu to‘garak qarshi qurulg‘an bir tashkilot edi» desangiz, non orasidan kir izlamakdan boshqa bir ish qilmag‘an bo‘lursiz. «Chig‘atoy gurungi» 20-yillarg‘acha davom qildi. Bu vaqtg‘acha uning o‘z oldig‘a qo‘yg‘an ilmiy yumushlari bajarilgan edi. Yangi imlo sho‘ro maorif komissarligi tomonidan maktablarga kirgizilgan sho‘ro hukumati tomonidan «Har millatning maktab tili o‘z ona tilida bo‘lsin» deb e’lon etilgan asos bilan o‘zbek tili ta’min etilgan edi. Bir tarafdan, kommunistlar firqasining milliy mas’alani to‘g‘ri hal qilmoqda bo‘lg‘ani va mustamlakachilik asoslarini yemirishda keskin yo‘l tutgani kun sayin ochiq ko‘rina boshlag‘an, o‘zbek millatchisi bo‘lib turishda ham ma’qul bir sabab qolmag‘an edi. «Chig‘atoy gurungi» tarqaldi. Uning a’zolari bitta-bitta o‘z xatolarini e’tirof qila-qila firqa safiga o‘tdilar va bor kuchlari bilan bu kungacha xizmat qilmoqdalar. Emdi o‘zimning din bilan munosibatim haqqinda so‘zlashaylik. Men yuqorida aytg‘anim kabi bir vaqtlar diniy reforma tarafdori edim. Dinni xurofotdan ajratish degan xayolga berilg‘an edim. Mana shu diniy reforma ketidan yurish, meni dinsizliqqa olib bordi. Din xurofotdan ajralsa, nari tomonda hech bir narsa qolmag‘anini ko‘rdim. Dinning fan bilan hech bir vaqt kelisha olmag‘aniga ishondim va shuning natijasida dindan qaytdim, dinga qarshi fikr tarqatdim. Mening dinsizligim o‘zbeklar va tojiklar orasida hammadan burun, hammadan ko‘brak mashhur bo‘lg‘an. Bu nuqtani inkor qilib bo‘lmaydi. Dinsiz, xudosiz bo‘lg‘an bir kishining mutasavvif bo‘la olmasligini onglamoq uchun juda oz bir muhokama kuchining sizda borlig‘ini, ruxsat bersangiz, qabul qilaylik. Maqolangiz bir yerida meni Turkiya sultonig‘a maktub yozish bilan ayblaysiz. Men umrimda Turkiya sultonig‘a maktub yozmadim, bu menga tamoman tuhmat! 1908 yilda yozg‘anim bir asarimda Buxoro xonligida hukm surgan diniy taassubni va shunga tayangan idora usulini eslaysizmi? U vaqtda Buxoroda bir kalla 2 tiyin edi. Hibs qilish, o‘ldirish, sangsor qilish kundagi odatlardan edi. U zamonlarda kitob yozishning o‘zi «kofir»lik edi. Men shu vaqtlarda birinchi asarimni yozdim. Buxoroning idora usulini, ta’lim-tarbiya usulini, bir ko‘b rasmiy idoralarni tanqid qildim. Bu kitob Buxoroda tarqalar edi. Uning noshirlari bo‘lg‘an Buxoro jadidlarini tahlikaga tushirmaslik uchun amirg‘a qaratib bir so‘z boshi yozdim va shuning bilan, go‘yo, tanqidning unga emas, ma’murlarig‘a oid bo‘lg‘anini ko‘rsatdim. Bu zamondag‘i Buxoroning javobi edi. Shuning bilan meni Buxoro amirining tarafdori deyish ham mumkin emas, menim Buxoro amiriga qarshi har vaqt kurashganim va kurashgan tashkilotlarga rahbarlik qilg‘animni bilmagan yo‘q. So‘ng to‘rt-besh yilda yozg‘anim «Arslon», «Umar Xayyom» kabi asarlarimni, hatto tanqid qilg‘aningiz «Namunalar»dag‘i davrlar taqsimini shu yo‘l bilan olib borishga tirishdim. Mazkur ishlarimda yanglishlar bo‘luvi mumkin. Lekin bularni(ng) voqealarini tahlil qilganda bo‘lg‘an yanglishlardan hisob qilib, tanqid qilish, xato joylarni ko‘rsatish kerak. Har bir yanglish yangi yanglish deb o‘ylangan nuqtani, mening yigirma yil burung‘i panislomistligim bilan izoh qilish to‘g‘ri ilmiy bir harakat bo‘lmaydir. Azizim, O‘rta Osiyoning olamg‘a ma’lum bir madaniyati bo‘lg‘an, bu madaniyatning turkiy asarlari qolg‘an. Bu asarlarning hammasig‘a birdan «axlatlar» deyish, sizning muhokamangizning kirligidan chiqqan yangi bir istiloh bo‘lsa kerak. Men o‘zimning yigirma yillik mutolaam, juda kuchsiz bo‘lmag‘an kutubxonam soyasida shu yo‘lda ishlamoqdaman. Albatta, ishlarimda yanglishlar bo‘luvi mumkin. Yanglishlarimni joy-joyi bilan ko‘rsatish kerak, ko‘zni yumib, og‘izni ochib so‘kishning ilmiy foydasi yo‘q. Maqolangizda katta harflar bilan «Maorif va o‘qitg‘uchi» jurnali Fitratning noshiri afkori edi deyish mumkin» deb yozasiz. Bunisi emdi uyot! «Maorif va o‘qitg‘uchi» Ramzdan burun bor edi. Ramz zamonida ham davom qildi. U har vaqt maorif komissarligining noshiri afqori bo‘lib davom qildi. Jurnalning butun davom muddatida men yozg‘an maqolamning soni o‘nga bormaydir. U qanday qilib mening noshiri afkorim bo‘lsin?! Biroz o‘ylang, O‘zbekistonning markazida firqa va sho‘ro idoralarining ko‘zlari ostida chiqg‘an bir jurnal uch-to‘rt yil mening noshiri afkorim bo‘ladi-yu, shuni sizdan boshqa hech kim onglamaydimi? Siz bu demago‘gi bilan kimni tahrir qilg‘aningizni o‘yladingizmi?! «Maorif va o‘qitg‘uchi» jurnalida Yassaviy haqida yozg‘anim maqoladan so‘z ochasiz. Men u maqolamda Yassaviyni san’at yog‘idan, mafkura tomonida qattiq tanqid qildim, uning zararli ekanini, uning ta’siriga qarshi kurashmoq kerakligini so‘zladim. Yolg‘iz uning ba’zi she’rlarig‘a oldanib, uning yo‘qsullar tomonida turg‘anin qabul qilmoqchi bo‘ldim. So‘ngralari esa, fikrimning yanglish ekanini ongladim. Sizga yoqmag‘an «Namunalar»imning muqaddimasida Yassaviy haqinda boshqacha fikr yurgizdim. Siz «Namunalar» haqinda tanqid yozmag‘aningiz holda Yassaviy haqinda uning muqaddimasidag‘i so‘zlarimdan ko‘z yumib, «Maorif va o‘qitg‘uchi»dagi maqolamg‘a yopishasiz. Bundan keyin Chig‘atoy adabiyotining «mundarijasi» va «shakli» haqinda fikr yurguzasiz. Boshlab Chig‘atoy shoiri deb Navoyi bilan Yassaviyni ko‘rsatasiz. Azizim, sizda chig‘atoy so‘ziga qarshi qiziq bir holat paydo bo‘lg‘an, o‘zingizga yoqmag‘an har kimni chig‘atoy deb so‘kmoqchi bo‘lasiz, ishning bu qadari chegarani oshishdir. Yassaviy Chig‘atoy shoiri emas. U Chig‘atoy adabiyotidan burun o‘tkan bir shoir. So‘ngra Navoyidan namunalar olg‘anda mening tartib qilg‘anim va sizning tanqid qilg‘aningiz kitobdan olmaysiz-da, Navoyining o‘z devonidan, diniy mavzudagi baytlarni olasiz. Sizning u namunalaringizni ko‘rgan kishi mening kitobimdan olg‘aningizni gumon qiladir-da, menga hujumlaringizni qisman haqli ko‘radir. Siz ham shuni istaysiz. Holbuki, Navoyining dinsiz bir shoir ekanini men da’vo qilmadim. Uning diniy parchalari bor ham ko‘bdir. Lekin mening «Namunalar»imdagi asarlari bu qatordag‘i asarlar emas. Navoyidan olg‘an baytlarni tarjima qilishingiz bir oz «vadudona» bo‘lg‘an, ko‘bi to‘g‘ri emas. So‘ngra Navoyi bilan Yassaviydan berganingiz namunalarg‘a suyanib, «Chig‘atoy adabiyotining shaklidan ham foydalanish mumkin emas» deysiz. Lekin siz shakl bilan vaznni bir-biridan ajrata olmag‘ansiz. Shakl deb vazn bilan ayrim so‘zlarni olasiz. Holbuki, shaklga ifoda tarzi, majoz, istiora va she’rning butun (poetik) xususiyatlari kiradir. Navoyining vaznidan foydalanish, albatta, mumkin. Mundan boshqa(si) Yassaviyning vaznidir. Yassaviy va Yassaviy maktabi shoirlarida barmoq vaznining chiroylik namunalari bor, foydalanish mumkin. Siz Yassaviyni chig‘atoy shoirlarining aruz vaznida yozg‘anlari o‘ylab, shu xatolarg‘a tushgansiz. Hatto ko‘chirganingiz Navoyi bilan Yassaviy she’rlari orasida bo‘lg‘an vazn ayirmasig‘a ham diqqat qilmag‘ansiz… Yurt qayg‘usi I Ey Ulug’ Turon, arslonlar o’lkasi! Senga ne bo’ldi? Holing qalaydir? Nechuk kunlarga qolding? Ey Chingizlarning, Temurlarning, O’g’uzlarning, Otillalarning shonli beshiklari! Qani u chiqdig’ing yuksak o’rinlar? Qullik chuqurlarig’a nedan tushding?! Dunyoni «urho»lari bilan titratkan yo’lbars yurakli bolalaring qani? Yer tuprog’ini ko’klarga uchiraturg’an tog’ gavdali o’g’lonlaring qani? Nechun tovushlari chiqmaydir? Yer yuzining bir necha polvonlari bo’lgan botir turklaring qani? Nechun chekindilar? Nechun ketdilar? Kurash maydonlarini o’zgalarga nechun qo’ydilar? Nechun… Nechun… nechun..? Gapur menga, ey Ulug’ Turon, arslonlar o’lkasi! Senga ne bo’ldi?! Yer yuzining buyuk saltanatlarini sen qurmadingmi? Hindistonning, Eronning, Ovro’paning ulug’ xoqonlarini sen yubormadingmi? Ey xoqonlar o’chog’i! Ey qahramonlar tug’oyi! Qani u chaqmoq chaqishli botir xoqonlaring? Qani avvalg’i o’q yurushli, otli beklaring? Nechun «urho»laring eshitilmaydir? Dunyo xalqini bo’ysundirmagan saltanatlaring nechun buzildi? Insonlik olamini qanotlari ostinda olgan xoqonlig’ning nechun kuchi o’ldi? Kuchingmi ketdi? Kimsasizmi qoldi? Yo’q… yo’q… Tangri haqqi uchun yo’q!.. Sen kuchsiz emassan, sen kimsasiz emassan! Bugun yer yuzida sakson milyun bolang bor. Bularning tomirlaridagi qon chingizlarning, temurlarning qonidir. Bularning kuchlari sening kuchingdir! Ey Ulug’ Turon, arslonlar o’lkasi! Qayg’urma! Eski davlating, eski saltanating, eski yigitlaring, eski arslonlaring hammasi bor, hech biri yo’qolmamishdir. Yolg’iz… Oh, yolg’iz… tarqalmishdir. II Yotsam tushumda, uyg’onsam yonimda, ko’z yumsam miyamda, ko’z ochsam qarshumda mungli bir xayol kelib turadur! Bu bir xotun xayoli… Bir xotunki, egnida ipakli, lekin yirtiq va eski bir ko’ylakdan boshqa bir kiyim yo’q. Bosh-ayog’lari yalang’och, tirsaklarigacha qop-qora loyqadan botg’an, baqirurg’a tovushi, qutilurg’a kuchi qolmag’an!.. Qarayman: kimsasizlik yukindan orig’langan tanda zolimona urulg’an qamchilarnpng yarasi bor. Ko’raman: johilona qiling’an emlardan nosulg’a qaytg’an yaralarindan qonlar oqib turadur!.. Ey mungli xotun, sen kimsan? Ey g’amli ona, nechuk mundan ayrilmaysan? Yonimda, ko’zimda, miyamda, yuragimda nima axtarasan, nechuk ketmaysan? Qayg’u tutunlari ichra yog’dusiz qolg’an ko’zlaring, u yosh yomg’urlarin nechun to’kadir? Zulm zanjirlari bilan bog’langan qo’llaring nechun har yonga uzatiladir, nima tilaysan?.. Oh… Bildim… bildim… Angladim! Sen mening Vatanimsan, Vatanimning mungli xayolisan. Ey muqaddas Turonimning xayoli, ketmay tur, ayrilma. Yonimda, ko’zlarimda, yuragimda, vijdonimda qol, ketma. Turonim, sendan ayrilmoq — mening uchun o’limim. Sening uchun o’lmoq — mening tirikligimdir, Panohim, sajdagohim, umidim! Yovlaring seni shu kungami soldilar? Tilagim, istagim, saodatim! Bolalaring seni shu holdami qo’ydilar? Suyunchim, ovunchog’im, o’chog’im! Zolimlar seni kimsasizmi ko’rdilar? Yo’q, sen kimsasiz emassan. Mana men, butun borlig’im bilan senga ko’mak qilurg’a hozir. Mana men chin ko’ngil bilan sening yo’lingda o’lurg’a rozi. Qof tog’lari yo’limda tushsa; Tamug' olovlari qarshumdan chiqsa, yana sen sari ketarman. Ustimga insonlar emas, shaytonlar qo’shini kelsa, Oyog’imga zanjirlar emas, jahannam ilonlari sorilsa, yana sen sari ketarman. Dunyoning butun balolari boshimg’a to’kulsa, Zulm cho’lining temir tikonlari ko’zlarimga kirsa, yana seni qutqararman. Men sening uchun tirildim, Sening uchun yasharman, Sening uchun o’lurman. Ey turklikning muqaddas o’chog’i! O’lim sening o’limingni istaganlarga, Nafrat seni ko’mgani kelganlarga! III (Temur oldinda) Bag’rim yoniq, yuzim qora, ko’nglim siniq, bo’ynim bukuk. Sening ziyoratingga keldim, sultonim! Ezilgan boshim, qisilgan vijdonim, kuygan qonim, o’rtangan jonim uchun bu sag’anangdan davo izlab keldim, xoqonim! Yuz yillardan beri jafo ko’rub, g’am chekib kelgan turkning qonli ko’z yoshlarin etaklaringga to’karga keldim. Qorong’uliklar ichra yog’dusiz qolgan o’zbek ko’zlari uchun tuprog’ingdan surma olg’ali keldim. Nomusini bad kishilarning ayog’lari ostinda ko’rib turklik qoni qaynag’ay, musulmonlik hamiyati toshg’ay, tamug’ olovlari kabi sochrag’ay. Lekin o’z kuchsizligin anglab qaytib o’tirgan va qon yig’lagan turkning holini aytarga keldim, xoqonim! Ulug’ xoqonim! Turklik sharafi talandi. Turk uchun qo’ydig’ing davlat bitdi, turk ostig’a qurdig’ing hoqonlik yog’iygami ketdi. Turkning nomusi, e’tibori, iymoni, vijdoni zolimlarning ayog’larn ostinda qoldi. Turkning yurti, ulog’i, o’chog’i, Turoni yot qo’llarg’a tushdi. Turkning bilgisi, ongi, o’ylovi, ziyrakligi jaholat o’ljasig’a ketdi. Sening qiliching bilan dunyo egasi bo’lg’an turk tinchgina bir yotoq topolmay qoldi. Sening kuching bilan dunyo xo’jasi bo’lgan turk qarluq temurlariga kirdi. Xoqonim! Turklikka xiyonat qilg’anlar turk bo’lsalar ham qonlarini oqizmoq sening muqaddas odatingdir, yotma, tur! Sening omonatingg’a xiyonat qilg’anlarni ez, ur, o’ldur! Sultonim! Bilaman, shu tobda sening u yuksak va ulug’ ruhoniyating men kabi tuban ruhli va himmatsiz bir bolasining shu holig’a g’azabli kulub turubdir. Bilaman, shu chog’da sening to’lqunli dengizlarg’a o’xshag’an yuraging men kabi yuraksiz bir o’g’lingning shu ko’rinishindan nafrat qiladir. Chunki yuqorida aytdigim ishlarning hammasiga o’zim sabab bo’ldim, barchasini o’zim qildim, Sening Turoningni o’zim talatdim, Sening turkligingni o’zim ezdirdim, Sening omonatlaringga xiyonat o’zim qildim. Men uch kunlik umrimni tinchgina yotib o’tkazmoqchi bo’lmasa edim, shularning birortasi bo’lmas edi. Men qo’limg’a topshirdig’ing qilichni tashlab, cholg’uni olmasa edim, Turonim talanmas edi!.. Men yolg’iz qonli ko’z yoshlarimni bu sag’anangga to’kmak uchun emas, o’z yoziqlarimni iqror etarg’a keldim, XOQONIM. Meni qo’yma! Men yolg’iz yoziqlarimni iqror etarg’a emas, Turong’a berdigim zararlarni to’lamoq uchun keldim, XOQONIM. Mendan nafrat etma! Ey arslonlar arsloni! Menim yozuqlarimdan o’t, Meni qo’limni tut, Belimni bog’la, muqaddas fotihangni ber! Sening dunyoga sig’magan g’ayratingga ont ichamanki, Turonning eski sharaf va ulug’lig’ini qaytarmasdan burun ayog’laringda o’tirmasman. IV Onam! Seni qutqarmoq uchun jonmi kerakdir? Nomusmi, vijdon bila imonmi kerakdir? Temur bila Chingiz qoni toshdi tomrimizdan, Aytgil! Seni qutqarmoq uchun qonmi kerakdir? Yov suqg’ali kelgach qilichini yuragingga, Tush oldiga, ol ko’ksumi — qalqonmi kerakdir? Boq, boq, mana turk tengizi toshqun qila qoldi, Turon yovini quvg’ali to’fonmi kerakdir? Turon, yigiting, barchaga boq, qalqdi oyoqg’a, Yurtda qorovul qo’yg’ali arslonmi kerakdir? «Sho‘royi islomiya»ning xatosi Maqolamizning shu unvoni, o‘quvchilarimizning hayrat va taajjublarig‘a sabab bo‘lsa kerak. Uzimizdag‘i shul maqolani buyuk bir hayrat va taajjub ichinda yozib turibmiz. Masala shu: «Sho‘royi islom» jamiyatining saylov to‘g‘risinda «uy egalari» otli bir rus partiyasi bilan ittifoq qilg‘anini barchamiz bilib oldik endi, Mashhur so‘zlarg‘a qarag‘anda, shul ittifoq ikki musulmon, bir rus tartibi o‘zaro bog‘langan. Muning ma’nosi shuki, «Sho‘royi islom» o‘z ro‘yxatig‘a elli(q) musulmon va yigirma besh rusni, ikki musulmon bir rus qilib yozadir. Saylov kuni «Sho‘royi islom» tarafdorlari bo‘lg‘an musulmonlar bilan «uy egalari» tarafdorlari bo‘lg‘an ruslar shul sho‘roning ro‘yxatig‘a tavush berurlar va natijada masala 15 galos olinsa, 5 tasini ruslarga berib, 10 tasini musulmonlar olurlar. Tunov kuni mutafakkir bir do‘stim bilan shul to‘g‘rilarda gapurib o‘tirg‘an edim. Do‘stim haqli bir suratda «Sho‘royi islom»ning shul ittifoqini tanqid qildi, dedikim: Samarqand saylovig‘a qushilaturg‘anlar; musulmondan (xotunlar hisob emas) o‘nolti ming, juhud ikki ming besh yuz, rus o‘n bir ming besh yuz, hammasi o‘ttiz ming kishi bo‘lur. Shul o‘ttiz ming kishini yetmish besh galosiga taqsim qilsak, har to‘rt yuz kishiga bir galosi tushar. Emdi shunisi ham ma’lumdirki, saylovg‘a qo‘shilaturg‘an o‘n bir ming besh yuz rusning hammasi «uy egalari» partiyasiga dohil emaslar. Chunki ruslar orasinda «uy egalari» partiyasidan boshqa to‘rt-besh partiya bordur. «Uy egalari» partiyasi g‘ayrat qilsa, o‘n bir ming besh yuz rusdan ikki mingini o‘z tarafiga ola bilur. Faraz qilaylikki: sho‘ro jamiyati shul saylovda o‘z tarafig‘a, o‘z ro‘yxati uchun ikki ming musulmon tovushi ola bilsun. «Uy egalari» partiyasining o‘ttiz besh galosi tushar. Endi ittifoq yuzindan sho‘ro jamiyatining o‘zi shul o‘ttiz besh galosdan o‘n ikki ming musulmon tovushi olur 24 galosni; «uy egalari» partiyasiga ikki ming rus tovushi uchun berur o‘n bir galosni! Holbuki, ayri-ayri spiska bo‘lg‘anda «Sho‘royi islom» o‘n ikki ming musulmon tovushi uchun 30 galosni va «uy egalari» partiyasi ikki ming rus tovushi uchun besh galosni olur edi. Mana shul hisob yuzindan Sho‘ro jamiyatining shul qilg‘an ittifoqi musulmon haqig‘a zararlidir, chunki olti musulmon galosining yeri ruslarg‘a o‘tgan bo‘lur. Do‘stimning bu hisoblarini eshitgach, hayratda qoldim. «Ajabo, Sho‘ro jamiyati nechun shuni tushunmaydi?» dedim va chiqib keldim. Sho‘ro shu masalani tushunmag‘an bo‘lsa, millatning o‘zi tushunsin va ortuq qaysi no‘mir ro‘yxatg‘a tovush bermak kerak edigini tayin etsun. — Source: https://wikisource.org (works of Abdurauf Fitrat). Downloaded from uzbekai.com.