Jong‘a chun dermen... Alisher Navoiy Jong‘a chun dermen: «Ne erdi o‘lmakim kayfiyati?» Derki: «Bois bo‘ldi jism ichra marazning shiddati. Jismdin so‘rsamki: «Bu vaz’ingg‘a ne erdi sabab?» Der: «Anga bo‘ldi sabab o‘tluq bag‘irning hirqati”. Chun bag‘irdin so‘rdum, aytur: «Andin o‘t tushti manga,– Kim ko‘ngulga shu’la soldi ishq barqi ofati». Ko‘nglima qilsam g‘azab, ayturki: «Ko‘zdindur gunoh, Ko‘rmayin ul tushmadi bizga bu ishning tuhmati». Ko‘zga chun dermenki: «Ey tardomani yuzi qaro, Sendin o‘lmish telba ko‘nglumning balo-yu vahshati». Yig‘lab aytur ko‘zki: «Yo‘q erdi manga ham ixtiyor, - Ki ko‘rundi nogahon ul sho‘xi mahvash tal’ati». Ey Navoiy, barcha o‘z uzrin dedi, o‘lguncha kuy, - Kim sanga ishq o‘ti-o‘q ermish azalning qismati. — Source: https://wikisource.org/wiki/Jong%E2%80%98a_chun_dermen.... Downloaded from uzbekai.com.