Mening firoqim-u... Alisher Navoiy Mening firoqim-u aning visoli tun bila tong, Bu nav dahrda yo‘q ehtimoli tun bila tong. G'arib zulf-u yuz ermasmukim, jahon eliga, Ko‘runmamish bu ikining misoli tun bila tong. Tongim yorug'-u tunum tiyradurki, chirmashdur Ko‘ngul aro zulfing xayoli tun bila tong. Ne tunda aysh nasimi, ne tongda mehr, magar, Ki, bo‘ldi zulf-u yuzung poymoli tun bila tong. Tunning xujasta, tonging qultug' o‘lsun, ey mahvash Ki, ikki banda sanga bo‘ldi holi tun bila tong. Biravki, tong-u tunin boda birla o‘tkargay, Yaqinki, bo‘lmag'ay aning mololi tun bila tong. Navoiy etmadi zulf-u yuzung visolin kashf, Valek erur g'amining ittisoli tun bilan tong. — Source: https://wikisource.org/wiki/Mening_firoqim-u.... Downloaded from uzbekai.com.