Anbar Otin Anbar Otin Alifbo Alif Odam ersang ma’ni bil dona-dona, Vatan erur sanga ikkinchi ona. So‘zlamasdin oldin so‘zingni sina, Har bir so‘zdur umring ichinda sina. Be Ulg‘ayursan sanda bor o‘lsa adab, Ulg‘ayursan sanga yor o‘lsa adab. Odam ersang, tashqi surat berma zeb, Ona yurtingni hamisha ayla zeb. Te Bir ish qilki, el ichra bo‘l bohurmat, Ikki dunyo noming bo‘lur boizzat. Hayonsiz ersa ming jafo mashaqqat, Ul ish deyilmagay el ichra mehnat. Jim Xarobat elda sultonlar olur boj, Adolat ilkida yakson o‘lur toj. Kimki el g‘amidadur suxansanj, Aning har so‘zi dunyoda ulug‘ ganj. Chim Qayu sulton adolatga qo‘yar sinch, Qo‘l ostida eli doim bo‘lar tinch. H-huttiy Butun umrimda yer edim g‘ami subh, Dam oxirida keldi bu dami subh. Umidim subhidamdin boshlanur sulh, Diyorimg‘a suyunib toshlanur sulh. X Falak kajravlig‘idin shom erur talx, g‘amu qayg‘u chekishdin kom erur talx. D-dol Basharni tarixi qonuni ajdod, Aningdin ilm topg‘usi har avlod. Bu yo‘qsul el hayoti garchi barbod, Bo‘lur avlodini ro‘zg‘ori obod. Hayot tarixi elda nekiyu bad, Na tavsif bildirur, na xatti abjad. Z-zol Manga xalq ro‘zg‘ori bo‘ldi ustoz, Na sifat kitobi van a taku toz. Xirad elig‘a ko‘ksin tutdi qog‘oz, Ham irfon ishqida qon yutti qog‘oz. R –re Kishi o‘z taqdirig‘a o‘zi ma’mur, Na ma’murlar yaratgan ro‘zi ma’mur. Murodingni hayoting ichra axtar, Ki, mavhum ilm ichinda bo‘lma axgar. Mashaqqatsiz hunardin chiqmag‘ay dur, Hayonsiz ilm durridin ko‘b erur dur. Kimiki ko‘bni rangin etdi za’far, Ikki dunyoda bo‘lmaydi muzaffar. Ming yil armonu hasratda oqar Sir, Muzaffar elga sirini ochar Sir. Z-ze Kimki ma’rifatni etsa e’zoz, Ani irfon etar albatta mumtoz. O‘zingni elga xizmatkor etkil, Ishing anjomig‘a yetguncha yetkiz. S-sin Shahanshohi nomvar afzal bo‘lmas, Har adli ham zulmidin xoli bo‘lmas. Mani so‘zimni tinglang, ayuhannos, Kelur avlod davri o‘ziga xos. Azaldin adl ila zulm erdi nojins, Zulmni pasha qildi, kimki nojins. Bilingki, o‘ziga qo‘ymas bino kas, Takabburlik o‘tida kuydi nokas. Sh-shin Darig‘okim, hamisha ko‘nglim g‘ash, Charoki, ko‘p xaloyiq ko‘ngli g‘ash. Hukmron zulm tobora qilur ish, O‘zin jismiga ko‘p yaro solur nish. Jahongir qo‘shnilariga qo‘ysa otash, Aning boshiga bo‘lg‘usi balokash. S-sod Biz adabda ko‘rgumiz husni qasos, Xush kunim deb o‘tadur ahli asas. Kim o‘zin Namrudg‘a aylar qiyos, Ibrohimni qavmidin tortgay qasos. Z-zod Zulm bo‘lgan o‘lkada qolmaydi fayz, Tonggacha kun nurini olmaydi fayz. Mufti el boshig‘a solg‘ay yangi farz, O‘lmag‘ay to bermaguncha elga qarz. T-itqi El g‘amidin o‘zgaroq o‘lmas bu xat, Shuncha qilsam bir yo‘li bo‘lmas g‘alat. Yo‘llarimda jaru(ko‘h), qiru qiyot, Shul sabab yurganda qilgum ehtiyot. Z-izg‘i Beqiroat so‘zlamas ahli voiz, Har nido qilganda tinglayman g‘aliz. Tanga o‘ziqdir hamisha to‘g‘ri lafz, Millatu tilga xiyonat o‘g‘ri lafz. ‘-ayn Adab irfon ilmi ichradur sham’ Aql oyinasida chehradur sham’ g‘-gayn Bu vujud bir qo‘lima berdi yarog‘, Bir qo‘lim hodisadin tutdi charog‘. Ajnabiy xayliga yo‘l bermadi tog‘, Uchsa ham qo‘ng‘ali tob etmadi zog‘. F-fe Ma’rifat shoirini so‘zi sadaf, Harzago‘y ahli uchun misli hazaf. Madhdin voizi ming aylasa lof, Dinu vajd orasida mingta xilof. Q-qof Mehnatu aqlu vujud ittifoq, Shayxdin bu orag‘a solma nifoq. Garchi bu ahli vujud bo‘yni siniq, Chirkinat ta’siri yo‘q, ko‘ngli tiniq. Shayxu pir ko‘rsatadi yo‘lu-yo‘ruq, Og‘zida zikri xudo, o‘ngli quruq. K-kof Odam ersang, ko‘ngling etgil pok-pok, Sandin etmasdin o‘zini ulki pok. Har nafas mazmun ila o‘tsa kerak, Gar hayot mazmunini bo‘lsa yurak. Odamiyda bo‘lsa gar yaxshi tilak, Xalq uchun tebratgusi doim bilak. L-lom Yaxshi odamlar ishidin ibrat ol, Ibratomuz xizmat aylab, izzat ol. Kimni ilgidan bor ersa himmati, Rangu ro‘yida ko‘rung‘ay rahmati. Har g‘azalda yangi mazmun ayla hal, To qiyomat rangi o‘chmas misli hal. Foydasiz so‘zlamasa qaysi til. Ona til bo‘lg‘ay o‘shal til, ona til. M-mim Bosh egib turg‘ay hamisha harfi mim, O‘ylamang ta’zimda bor de zarbu bim. Odamiylik xislatidur ham salom, Ham bahoyim etmas odamdek kalom. N-nun Ona yer shaklidagi bu harfi nun, Ko‘ksida ravnaq topodur har funun. Vaqti kelguncha takabbur osmon, Sirni bermay tek tururmish olumon. Zufununlik hullasi bila kiyin, Elg‘a hikmat sirini aytg‘il keyin. O‘z gunohingni so‘rab eldin o‘tin, Nafrat o‘ti ichra bo‘lmasdin o‘tin. V-vov Odami ahli nazokatda suluv, Bo‘lsa axloqi sadoqatda suluv. Dunyoni bilmakka idroking garov, Zehn qo‘ymoqg‘a dili poking garov, Yaxshi ish qilmoq uchun yo‘qsa uquv, Sanga lozimdur uquv birlan o‘quv. Boq hayoting lavhasiga, bo‘lma quv, Gar nishoni yaxshilik topilsa quv. H-havvaz Qachon yetkurgusi ul kunni Olloh, Xotunlar xurram o‘lsa chekmayin oh. Qachon baxt o‘lg‘usi bizlara hamroh, Ki, tokay band o‘lurmiz hamchu gumroh. Nechun iqbol bizdin muncha sarko‘h, Aning kuyida yermiz shuncha anduh. I-yoy Agar irfong‘a vus’at bersa bori, Funun zahmatg‘a bergay erdi yori. Xudo xotunni baxtin ochsa erdi, Ki xovar o‘z nurini sochsa erdi. Bu Anbar ohini tingla Ilohi, Zamona ahli ahvolim guvohi. Chuqur mazmunda bu so‘zlar tamomi, Kelur davronga qoldi itmomi. Ey do‘st, jaholat ahlig‘a oshno bo‘la ko‘rma... Ey do‘st, jaholat ahlig‘a oshno bo‘la ko‘rma, To kelguncha baxtu saodat shaydo bo‘la ko‘rma Har kimki o‘zin o‘yladi, eldin xabari yo‘q, Ul ablahi bedin ila savdo qila ko‘rma. Ilmeki adab, ishqu muhabbatga yiroqdur, Bilgilki san ul ilmni also bila ko‘rma. Har kim amali el foydasig‘a jori emasdur, Oning yuzini umringda san bir yo‘la ko‘rma. Har mug‘bacha daf cholsa, ayo Anbari xushro‘y, To oshiq emas, ishqida bag‘ring tila ko‘rma. Ey goʻzal Fargʻona, oʻzinga kel endi shod qil... Ey go‘zal Farg‘ona, o‘zingni kel emdi, shod qil, Har g‘azalni boshida, sen, o‘z otingni yod qil, Qaydi bandni pora aylab, o‘zlugung ozod qil, Qayg‘ulik qunlarni kuydur, barchasin barbod qil, Emdi Turkistonda haqgo‘ylik ila faryod qil. Bog‘laring pajmurda bo‘ldi zog‘larning poyidin, Ko‘kraging sadpora bo‘ldi daydilarning yoyidin, Katra-qatra qon tomodur o‘q teshkon joyidin, Kip-qizil qonlar oqodur jabr ko‘rgon soyidin, O‘z qo‘ling birla bu yurtingni o‘zing obod qil. Jahon-og‘uga kelgan Anbar otinman... Jahon-og‘uga kelgan Anbar otinman, g‘amu qayg‘uga kelgan Anbar otinman. Yamon soatda keldim man jahonga, Ini jodug‘a kelgan Anbar otinman. Adab ahli oyoq ostida xordur, Chunin yog‘dug‘a kelgan Anbar otinman. Tarjimai hol Otam – Farmonquliyi Marg‘iloniy, Onam – Ashurbibiyi Qo‘qoniy. Alar belboqchi – bo‘zchi erdi kasbi, Hamisha makkayidin erdi noni. Ki, “bo‘zchi yolchimas belboqqa” doim, Yana juft bo‘lmas erdi choponi. Bizoat bo‘lmag‘ach uy erdi notinch, Sanab bo‘lmas edi janjal soni. Hayit kelsa hamisha g‘avg‘o bo‘lg‘ay Ki, yo‘qdur yangi engildin nishone, Arafa- iydi qurbon kechasida, Ota-onam qo‘pordi g‘alayone. Namoz kuni ikkisi ayrilishdi, Bir uycha-hovlicha sotdilar oni. Man ham ikki ukam bila bizlar, Onam birla bo‘luvdik sarsoni. Onam birla qolib biz ko‘chalarda, Otam ketdi ba shahri Marg‘iloni. Onam bir erga tegdi Beshqovoqqa, Uni bor erdi chitgarlik do‘koni. Yana bog‘I bor erdi bir tanobcha, Ikki tanobcha yerda dehqoni. Mani tarbiyat aylab, ham ukamni, Hamisha berdi bizga bug‘doy noni. Onam ko‘rdi yeti farzand andin, Biri ko‘rqori bo‘ldi ko‘zi oni. Mani uyga chiqardilar shaharga, Zohidxo‘ja degan novvoy Qo‘qoniy. Ul niyz qashshoq edi avvalda o‘zi, Qari katta onosi-moli, joni. Qiyinroq bo‘ldi, novvoy o‘zi tanho, Kunimiz o‘tdi andak: choyi, noniy. Mani farzandlarim to‘rt bo‘ldi-yu bas, Mo‘minxo‘jam edi andak yomoni. Bibixon – rohati, jonim anisim, g‘ariblik, dardmanlik darmoni. Etib qoldim, murabbim bo‘ldi shu qiz, Aning birla topib jonim omoni. Usmonxo‘jam-halimu qobilimdur, O‘qutdi ustod Xayrulloxoni. Mani dardimga qo‘shdi ming alamlar, Vafoti etkan qizim Ominaxoni. Shu dard birla ado bo‘ldim, yoronlar, Bu yosh bog‘im bo‘lib tezda xazoni. Na rohat ko‘rdimu, na orzuni Ki, man yig‘lab g‘azal yozdim nihoniy. Ayollar ishq so‘zini demakdin, g‘azal yozmoqdin o‘zi erdi foniy. Sahhofga yolborib necha varaqni, Kitob ichiga joylab qo‘ydim oni. Kimeki ko‘rsa, yod etsa zora, Yorug‘lik bo‘lsa ul dunyoyi soniy. — Source: https://wikisource.org (works of Anbar Otin). Downloaded from uzbekai.com.