Asiriy Asiriy Olam muattar o‘lmas zulfi yechilmaguncha... Olam muattar o‘lmas zulfi yechilmaguncha, Is bermagay qizil gul bargi ochilmaguncha. Izhor aylamasman sirringni elga zinhor, G‘amzangni o‘qlaridin bag‘rim teshilmaguncha. Ey zohidi xo‘jasta, etma nasihatingni, Tarki muhabbat etmam, boshim kesilmaguncha. Ul sarvnoz qilmas oshiqlig‘imni bovar, Qumri kabi kigizni bo‘ynimga ilmaguncha. G‘am tun qorong‘usida sham’ o‘ldi naxli motam, Kulbam munavvar o‘lmas dildor kelmaguncha. To‘kmay sirishk bo‘lmas sham’i visoli hosil, Xurshid zohir o‘lmas kavkab qirilmaguncha. La’liga xat ko‘rungoch topti zuhuri husni Ma’ni sahifada yo‘q lafzi yozilmaguncha. To etmayin tavoze’ rif’at muyassar o‘lmas, Ko‘zguda topmadi jo abro‘ egilmaguncha. Yusuf quduq ichidan chiqmas xayol birlan Dildor kokuliga har dam osilmaguncha. Kim ko‘rdi gulni vaslin hamrohi xor bo‘lmay, G‘avvos dur ololmas daryoga cho‘mmaguncha. Etmaklik mumkin o‘lmas, bo‘lmay fano xudog‘a, Chiqmam bu Chorsudan raxtim sotilmaguncha. Ko‘ksumni qildi yora paykonidin nishona, Ko‘rsatmadi jamolin bag‘rim ezilmaguncha. Gulshan bu toza mazmun nazm ayladi aningchun, Lo‘lo‘ namuna bermas ipga tizilmaguncha. Xislato, majmui yoru oshnolarni so‘rang... Xislato, majmui yoru oshnolarni so‘rang, Barchag‘a bizdin duo ayting, ag‘olarni so‘rang. Bizdin aylang zumrai ahboba tavzii kalom, Loyiqi vasfu sazovori sanolarni so‘rang. Qilsangiz sayri madoris birla azmi xonaqoh Olimi qudsisyar zuhd intimolarni so‘rang. So‘fiyi sofi taviyyat, muttaqiyi haqsipos, Orifi urfon manoqib, avliyolarni so‘rang. Garchi bilmaymiz hanuz ahvolini, kimdur Kamiy, Lek shoirlikda mashhuru valolarni so‘rang. Nolai ushshoqdur har mashqining ziru bami To‘ychiyi to‘tinag‘am bulbul navolarni so‘rang. Ba’di tablig‘i salomu to‘hfayi arzu niyoz, Kipriki nozofarin, qoshi qarolarni so‘rang. Gar hulo taqsa sochi shammomai sunbulfirib, Va-r qiyo boqsa ko‘zi nargisrabolarni so‘rang. Kimki rahmat ko‘z bilan boqsa bizimdek zorg‘a, Diydasi ohunasak, chashmi siyolarni so‘rang. Qaysi majlis ichra yod o‘lsa bizim avsofimiz, Xushsuxan, shirinbayon, nozik adolarni so‘rang. G‘oyibona kimsa izhor etsa, arzi e’tiqod, Xohi xayli ag‘niyo, xohi gadolarni so‘rang. Xirmani guldek qizil ruxsoralarni yodida, Rangi sarg‘aygan samondek qahrabolarni so‘rang. Sarviqomatlarni hijronida qaddi dol o‘lan Piri mahrumi aso, qaddi dutolarni so‘rang. Shahringizda, alg‘araz, harqancha bo‘lsa ahli fazl, Bizdin ibrozi niyoz aylang, rasolarni so‘rang. Biz kabi jismi musibat tobasinda dog‘ o‘lan, Nuri chashmindan judo, sohib azolarni so‘rang. Qolmasun hech kim Asiriydek faromushi xayol, Go‘shai xilvatguzin, sahvi nizolarni so‘rang. — Source: https://wikisource.org (works of Asiriy). Downloaded from uzbekai.com.