Atoiy Atoiy Ay gul chehralik sarvi ravonim... Ay gul chehralik sarvi ravonim, Fido bo’lsun senga jonu ravonim. Sulaymon mulkudur ham Nuh umri Saning bila kechurgan bir zamonim. Agar zulfung uchun chopsang boshimni, Yuz evursam maning bo’ynumg’a qonim. Belingda garchi bir qilcha gumon bor, Vale og’zingda yo’qtur hech gumonim. Jamoling oyatidur husn ichinda, Ne hojat bu mening sharhu bayonim. Bu dog’e kim, qo’yar jonimg’a hajring, Ajab qolg’ay mening nomu nishonim. Yuzung mehrinda jon berdi Atoiy, Demading bir kun: «O’ldi mehribonim». Bovujudi orazing bargi samandin kim desun... Bovujudi orazing bargi samandin kim desun? Loladin kim so’zlasun, ham nastarindin kim desun? Dunyoni tutti saning husnung bila dardim so’zi, Yusufu Ya’qub ila Baytul-hazandin kim desun? La’lingiz birla dam urmas zarra sarrofi aql, Ore, yaxshi bor ekan, asli yamondin kim desun? To visolingdin yiroqmen, yovumas hech kim manga, Joe uldur, ayb emas, jonsiz badandin kim desun? Zulfu xolingdin muattar bo’ldi olam, ba’dazin Nofayi ohuyu Totoru Xo’tandin kim desun? Makru fan aylab meni, sayd etti derlar el seni, Men azaldin mubtalomen, makri fandin kim desun? Eshikingdakim, shahanshahlarga anda bor yo’q, Bu Atoiydek gadoyi bevatandin kim desun? Dilrabo, hajring o’tida yonamen... Dilrabo, hajring o’tida yonamen, O’rtanib vasling tilarman yona men. Ka’ba azmidin manga san muddao, Bo’lmasang, albatta, andin yonamen. Ey begim, ushbu yuz, degul... Ey begim, ushbu yuz, degul, shams bila qamarmudur? Ey begim, ushbu so'z degul, shahd bila shakarmudur. Ko'z uchidan qiyo-qiyo sheva bila boqishlaring, Jon tamurin qiyor uchun tig'mu yo nazarmudur? Bodi saboki, kelturur jong'a soching nasimini, Shahri Saboning elchisi hudhudi xushxabarmudur? Zulfi muanbaringkim, ul ko'zdin uchar uzun kecha, Sarvi sahining ustida zog'u abiri tarmudur? Zori-yu nola kam qilay, rost ayt, ey posbon, Itlaringa bu noladin har kecha dardisarmudur? La'li labing xayolidin bir guzar aylayin dedim, Joni azizdin, vale odamig'a guzarmudur? So'rsang Atoyi holidin netti, ey podshohi husn, Lutf-u karam gadoyig'a tengri uchun, zararmudur? Ey ko’ngul, bu kecha ul oy sori bor... Ey ko’ngul, bu kecha ul oy sori bor, Oh o’tin yorutmakim, ag’yori bor. Tuxmi mehr etkim muhabbat bog’ida, Dard barg ochti-yu g’am kelturdi bor. Ey orazi shams-u qamarim... Ey orazi shams-u qamarim, netti, ne bo‘ldi? Vey, tishlari durri guharim, netti, ne bo‘ldi? Ko'nglum kuyarindin sanga men pand berurmen, Ey marhami jon-u jigarim netti, ne bo‘ldi? Sen bor ekan o'zga kishiga nazar etsam, Chiqsun bu mening diydalarim, netti, ne bo‘ldi? Gah javr ila o'tur meni, gah noz ila, sendin Haqqoki mening yo'q guzarim, netti, ne bo‘ldi? Ey lu'bati Shirin, seni Farhod mengizlik, Olamg'a yoyildi sevarim, netti, ne bo‘ldi? Umrumni sening qullug'ungga sarf qilibmen, Ey o'z qulidin bexabarim, netti, ne bo‘ldi? Bir zarra chuchuk so'zni Atoyidin ayarsen, Ey lablari shahd-u shakarim, netti, ne bo‘ldi? Gar desam, bog’i visoling nori bor... Gar desam,bog’i visoling nori bor, Olma deb achchig’lab aytur: Nori bor! Ishq naxli ko’z yoshimdin suv ichib, Bargu borini shararlig’ nori bor. Hamnishin ag’yor to ul yoradur... Hamnishin ag’yor to ul yoradur, Ko’kragim hasrat o’qidin yoradur. May bila soqiy himoyat bo’lmasa, Shahnayi hijron yurakni yoradur. Jamoling vasfini qildim chamanda... Jamoling vasfini qildim chamanda, Qizordi gul uyottin anjumanda. Tamanno qilg'ali la'lingni ko'nglum, Kishi bilmas anikim, qoldi qanda. Chu jonimdin aziz jonona sensen, Kerakmas jon manga sensiz badanda. Manga ul dunyoda jannat ne hojat, Eshiking tuprog'i basdur kafanda. Solib borma meni, ey Yusufi husn, Bu kun Ya'qubtek bayt ul-hazanda. Uzun sochingdin uzmasmen ko'ngulni, Oyog'ing qayda bo'lsa, boshim anda. Tilar el mansabi oliy, valekin Atoyi sarvi ozodinga banda. Jilva aylab sakraturda sarkash ot... Jilva aylab sakraturda sarkash ot, Noz o’qin javlon etib jonimg’a ot. Itlaring xaylig’a xizmat ayladim, Qo’ydilar ahli vafo deb manga ot. Kel, ey dilbarki, bo’ston vaqti bo’ldi... Kel, ey dilbarki, bo’ston vaqti bo’ldi, Gul ochildi, guliston vaqti bo’ldi. Qilay nola, boqib guldek yuzungga, Chu bulbullarg’a afg’on vaqti bo’ldi. Gulu bulbul bikin gulbunlar ichra, Nishotu ayshi pinhon vaqti bo’ldi. O’qub gul baxtini majlisda har dam, Bo’lub sarxush, gulafshon, vaqti bo’ldi. Turub mahbub olida muhibg’a, Chu gul choki giribon vaqti bo’ldi. Mug’annilarg’a bulbullar bikin zor, Hazoron nav’i alhon vaqti bo’ldi. Bu damkim, gul qilur bulbulg’a altof, Atoiyg’a ham ehson vaqti bo’ldi. Ko‘ngulni olg‘ali zulfung kamandi... Ko‘ngulni olg‘ali zulfung kamandi, Parishon bo‘ldi g‘amdin band-bandi. Necha daf’i xumor etmas, ko‘rungkim, Labi la’lingdadur ma’juni qandi. Muloyimdur bo‘yung madhin o‘qurda, Maqomi «Rost» ohanggi balandi, Manga darmon hamin bas buki derlar. Seningdek marhami jon dardmandi, Ne nisbat sarv-la qadding bilankim, Erur ul bog‘bonlarning lavandi. Angakim, ishq holi bo‘ldi g‘olib, Asar qilmas nasihatgo‘y pandi, Atoiy she’rining lutfini bilsa, «Latofatnoma»din kechgay Xo‘jandiy. Kuyar jonim, netay, dilxoh unutti... Kuyar jonim, netay, dilxoh unutti, Ko’ngul ahvolidin ogoh unutti. Falakka yetsa ohim ne ajabkim, Meni ul Zuhra ko’zluk moh unutti. Qani bir mushfiqekim, yod bersa, Gadoyi muxlisin ul shoh unutti. Bu qulg’a bor ekan bis’yor lutfi, Ne kamlik bo’ldikim, nogoh unutti. Ne yo’lsiz keldi mendinkim, munungdek, Azaldan jon ila hamroh unutti. Firoqingda manga tasbih bo’ldi Bu so’zkim: «Oh unuttu, oh unutti!» Atoiy xayma ur mulki adamda, Chu sendin ul buti xirgoh unutti. Labing qonim to‘karga tashnalabtur... Labing qonim to‘karga tashnalabtur, Dami Iso-yu o‘lturmak ajabtur. Ko‘tarmak boshni mahbub eshikindin Muhabbat bobida tarki adabtur. Meni o‘ltur, vale quvma qoshingdin Kim, enchu qulni quvmoq besababtur. Manga vasling qachon yetsun, bilurmen, Vale oshiq ishi sa’y-u talabtur. Atoiy qulg‘a bir lutf aylamassen, Xulagu o‘g‘li, muncha ne g‘azabtur?! Mengiz yo ravzayi rizvonmudur bu... Mengiz yo ravzayi rizvonmudur bu? Og‘iz yo g‘unchayi xandonmudur bu? Qaroqchi ko‘zlarin kim ko‘rsa aytur: «Ajab ayyori Turkistonmudur bu?» Chiqar har lahza yuz ming sheva birla, Maloyik xo‘yluq insonmudur bu? Jahonni tutti Yusufdek jamoli, Malohat Misrida sultonmudur bu? Xatikim, safha gul uzra ko‘runur, G‘ubori xatmu yo rayhonmudur bu? Mudavvar go‘yi siymin, yo zanahdon? Muanbar zulf yo chavgonmudur bu? Atoiyni ko‘rub ko‘yinda aytur: «Hamul miskini sargardonmudur bu»? Necha jonimg’a sendin dardu g’amdur... Necha jonimg’a sendin dardu g’amdur?! Magar mehring jafo, lutfung sitamdur. Muhiblarg’a jafo qilmoq yozuqsiz, Muhabbat yo’lida bisyor kamdur. Manga dushvor erur sensiz tirilmak, Sanga men bo’lmasam, ey jon, na g’amdur?! Necha jonimg’a tekding va’da birla, Kechar dunyo, vafo qil, dam bu damdur. Ko’zung, zulfung bila og’zing g’aminda Vujudim hosili ayni adamdur. Gunah qildimki, hajringda tirildim, Vale mendin gunah, sendin karamdur. Atoiy ushbu yo’lda xok bo’lsa, Murodi xo’blardin bir qadamdur. Oh, o’lturdi firoq ul gul uzorimdin yiroq... Oh, o’lturdi firoq ul gul uzorimdin yiroq, Lola yuzluq, sarv bo’yluq to’g’ri yorimdin yiroq. Nola qilsam har zamon ayb etmang, ey ushshoqkim, Andalibi benavomen lolazorimdin yiroq. Ixtiyor ettim ul oyni ikki dunyodin, vale Netayin soldi falak o’z ixtiyorimdin yiroq. Sa’y etar zohid meni jannatning eski bog’ina, Men borurmenmu yuzungdek navbahorimdin yiroq. Menda ham sabru qaroru aqlu hushe bor edi, Ne baloliq ishq edikim, soldi yorimdin yiroq. Gar falak o’ltursa yuz qatla meni, hech bok emas, Bu o’lumdurkim, o’ladurmen nigorimdin yiroq. Ketmagay o’lsam Atoiydek bo’yung sarvi uchun, To qiyomat sayayi rahmat mozorimdin yiroq. Qon bo‘ldi ko‘ngul firoqi birla... Qon bo‘ldi ko‘ngul firoqi birla, Kuydi jonim ishtiyoqi birla. Zulfung cheriki jamol mulkin Oldi ko‘zung ittifoqi birla. G‘uncha sevunub to‘nig‘a sig‘mas, O‘xshatmas o‘qung bashoqi birla. Majlisda chog‘irdin el usursa, Men jomi jamoli soqi birla. To‘squ tilamakka haddimiz yo‘q, Sog‘in bore davr oyoqi birla. Ishqinda qaro boshim oqardi, Bir boqmadi ko‘z qaroqi birla. Ko‘z o‘ynatib uttilar ko‘ngulni, Ikki qoshi juft-u toqi birla. Oshiqqa jafo qilding, valekin Asr-u dag‘i yo‘q, yiroqi birla. Xo‘blardin Atoiy lutf istar, Xonlarg‘a ne ish yasoqi birla. Seni men ongladim, bevafo emishtuksen... Seni men ongladim, bevafo emishtuksen, Ko‘ngulga ofat-u jong‘a balo emishtuksen. Bu muncha jonlar olib, to‘ymading xaloyiqdin, Ey husn bobi, ne ko‘zi qaro emushtuksen. Azalda ne gunah etting ko‘ngilki, xo‘blardin, Bu muncha mehnat-u g‘amga sazo emishtuksen. Gahiki, bossa oyog‘in yuzumga, noz ila der: «Ayog‘im og‘ridi, ne bo‘ryo emishtuksen!» Yuziga ko‘p tika boqsam, manga kulub aytur: Atoiy, ne ko‘zi to‘ymas gado emishtuksen! Shaho, bizga nazar qilsang ne bo’ldi... Shaho, bizga nazar qilsang ne bo’ldi? Gadoni mu’tabar qisang ne bo’ldi? Ko’ngul yuz poradur gul, g’uncha yanglig’, Sabodek bir guzar qilsang ne bo’ldi? Qaro baxtim bikin hijron kechasin Visolingdin sahar qilsang ne bo’ldi? Boqib usruk ko’zungdin, nosihimni Meningtek bexabar qilsang ne bo’ldi? O’tar ohim o’qi to’quz falaktin, Vafo birla sipar qilsang ne bo’ldi? Baloqqedur raqib, oxir balodin, Xudoy uchun hazar qilsang ne bo’ldi? Keturdi mohazar jonin Atoiy Qabuli mohazar qilsang ne bo’ldi? Sham’ yanglig’ yonadur boshimda o’t... Sham’ yanglig’ yonadur boshimda o’t, Ko’z yoshimdin yer yuzinda undi o’t. Qon yoshim qildi yo’lungni lolazor, Muncha taqsir ayladim, qonimdan o’t. Sipehri husn ichinda moh, sen-sen... Sipehri husn ichinda moh, sen-sen, Zamona xo‘blarig‘a shoh, sen-sen. Tabassum qilsa la’ling jon bag‘ishlar, Magar Isoyi Ruhulloh, sen-sen. Agar hur-u pari bo‘lsa kerakmas, Manga, ey jon, bu kun dilxoh, sen-sen. Bu oq evda qaro ko‘zlar base bor, Va lekin fitnayi xirgoh, sen-sen. Tiriklik hosili, ey yor, dardi, Gar o‘lsam anda ham hamroh, sen-sen. Ko‘ngul dardig‘a bir darmon qil emdi, Chu jonim dardidin ogoh, sen-sen. Atoiy ul yuzi gul hasratinda, Tikon bag‘rinda rangi koh, sen-sen. Telbaman shahlo ko’zung olusidin... Telbaman shahlo ko’zung olusidin, Uzmadim bog’ingda vasl olusidin. Hajr dashtida yugurmog’lig’ bila, Yetmadim vaslingga yo’l olusidin. Ul sanamkim, suv yaqosinda paritek o‘lturur... Ul sanamkim, suv yaqosinda paritek o‘lturur, G‘oyati nozuklukindin suv bila yutsa bo‘lur. To magarkim, Salsabil obina javlone qila, Keldi jannat ravzasindin obi kavsar sori hur. Ul ilikkim suvdin orig‘tur, yumas oni suda, Balki suvni pok bo‘lsun deb ilik birla yuyur. Emdi bildim rost ermish, balki ko‘rdim ko‘z bila, Ulki derlar, suv qizi goh-goh ko‘zga korinur. Qoshlaring yosin Atoiy ko‘rgali husn ichra toq, Subhidam mehroblarda surayi Yosin o‘qur. Xasta ko’nglumdin xayoling bir zamon ketmas, begim... Xasta ko’nglumdin xayoling bir zamon ketmas, begim, Nechakim, vasling etakiga qo’lum yetmas, begim. Netayin, darmonda bo’ldum men bu ko’nglum ilkida, Sensizin hech yerda bir lahza qaror etmas, begim. Garchi sen dashnom etarsen, men duochiman senga, Oshiqi sodiq jafodin elini chetmas, begim. Sen meni ta’zim etib qullar soninda tutmag’il, Itlaring xaylinda bo’lsam, ne manga yetmas, begim?! Ta’nadin qovmas Atoiyni eshikindin raqib, Hech gadoy it ursa eshikni qo’yub ketmas, begim. Yuzung xurshedtek tobanda bo’lsun... Yuzung xurshedtek tobanda bo’lsun, Jamoling to abad poyanda bo’lsun. Takallum qil, sochilsun durri gavhar, Tabassum qil, jahon purxanda bo’lsun. Yuzungdin burqa’ olg’il bir zamone, Uyolsun oyu kun, sharmanda bo’lsun. Meni o’lturgali g’amzang qilichi, Ko’zungdek kofiri burranda bo’lsun. Pari ruxsorlarning xusravisen, Seningtek joni shirin qanda bo’lsun? Agar o’lsam tilarmen tengridinkim, G’aming jonimg’a, darding tanda bo’lsun. «Faloni qullarimdindur» demushsen, Atoiy ushbu so’zga banda bo’lsun. Yuzungdin gar yiroq solsam nazarni... Yuzungdin gar yiroq solsam nazarni, Netarmen ko’zda bu nuri basarni. Labingni qanda ko’rmishkim, uyottin Yeshurdi band ichinda nayshakarni. Seni xurshed o’qug’ondin ajabtur Ki, sulton birla teng der darbadarni. G’arib erur gadoni so’rmoq, ey shoh, So’rarlar jumla olam mu’tabarni. Bo’yun sunsam g’amingga, ayb emaskim, Zabun aylar muhabbat sheri narni. Raqibu zohid ohimdin kuyarlar, Bale, o’t kuydurur har xushku tarni. Atoyi sevdi jondin qomatingni, Sevar haq biym yo’lida rostlarni. — Source: https://wikisource.org (works of Atoiy). Downloaded from uzbekai.com.