Azimiy Azimiy Kun o‘lsa eldin o‘zumni kanora aylarman... Kun o‘lsa eldin o‘zumni kanora aylarman, Tun o‘lsa zamzamini oshiqona aylarman. Kuyub tushar to falakda sitoralar tong yo‘q Bu rohlarga g‘amingdin shabona aylarman. Yo‘lingda yig‘lay-yig‘lay oqardi ko‘z oxir El ichra o‘zga marazni bahona aylarman. Malomat toshi ila ta’n o‘qlari ko‘ksimni Saning uchun necha yildurki nishona aylarman. Yo‘luqsa ahli muhabbat urarman oldida oh Na ohkim, sani darding fasona aylarman. Maqomi manzili faqr ahli xonaqoh ermish Aning chu xizmati bu korxona aylarman. Qalandarona o‘tay deb, Azim, bu olamdin Hilofi odati ahli zamona aylarman. So‘rmas holim yorima bir muddao bo‘ldi magar... So‘rmas holim yorima bir muddao bo‘ldi magar, Yo o‘zumni shumlig‘im boshga balo bo‘ldi magar. Aylabon yorni so‘rog‘im darbadarlikda yurub Tinmadi devona ko‘nglum benavo bo‘ldi magar. Yorsiz turmoqqa toqat (yo‘q) yetarg‘a holatim Ko‘rqadurmankim, bu dardim bedavo bo‘ldi magar. Necha yillardurki istab topmadim yor vaslini Hajrida o‘lmakligim hukmi qazo bo‘ldi magar. Dambadam o‘rtar edi o‘tlug‘ firoqi bag‘rimi Oqibat yiqti mani kam-kam ado bo‘ldi magar. Jabbani jon birla qo‘yg‘ach yorni dargohiga Tindi ko‘nglum, ey Azim, sandin rizo bo‘ldi magar. Tokay sani g‘amingda man ohu navo qilay... Tokay sani g‘amingda man ohu navo qilay, Ko‘rsat yuzingni bir yo‘la jonim fido qilay. Begona etdim hamadin o‘zni ey pari Hargiz bu telbani demading oshno qilay. O‘tdi tamom umr sanga arzi hol etib Hech demadingki, birgina hojat ravo qilay. Man garchi tole’im badidin so‘rmasang mani Man qatra jon boricha sanga iltijo qilay. Tifli bahona chu kabi sansiz yuponmayur Tokay bu telba ko‘nglim ila mojaro qilay. Har odameda bosh biru savdosi boshqadur Man istaram boshni sanga xokpo qilay. Miskin Azim qulingni qulidur itlaring iti Topsam alarni izlarini to‘tiyo qilay. — Source: https://wikisource.org (works of Azimiy). Downloaded from uzbekai.com.