Libosin etgali ul sarvi xush xirom qizil... Bayramxon Libosin etgali ul sarvi xush xirom qizil, Ko‘zumni ayladi qon yosh bila tamom qizil. Pariruxum yana qonlig‘ ko‘zumda qildi maqom Ki, husn ahlig‘a zebodurur maqom qizil. Mudom orazi ranginlig‘i chog‘irdin emas Ki, hech yuzni bu rang aylamas mudom qizil. Agarchi husn elidur jomdin qizil yuzluk, Erur hamisha yuzung aksi birla jom qizil. Bilib sipehr g‘amim qon yoshin to‘kar, Bayram, Shafaq emaski, erur har namozshom qizil. — Source: https://wikisource.org/wiki/Libosin_etgali_ul_sarvi_xush_xirom_qizil.... Downloaded from uzbekai.com.