Necha hijron g‘amidin nolayu faryod qilay... Bayramxon Necha hijron g‘amidin nolayu faryod qilay? Hosili umrni faryod ila barbod qilay? Necha ko‘z lavhida tasvir etibon suratini, Dam-badam xotir aning ko‘rmokidin shod qilay? Necha vaslini tilab hajrida xursand bo‘lay, Necha ummidi bila jonima bedod qilay? Necha g‘urbat aro bekaslik o‘ti birla kuyub, Motamiylar kibi o‘z holima faryod qilay? Necha jonimg‘a sog‘inmaslig‘idin o‘t tushubon, Oni besabrlig‘imdin kuyunub yod qilay? Necha ishqida buzub sabru salomat vatanin, Necha anduhu malomat uyin obod qilay? Necha zulfig‘a giriftor bo‘lub zor bo‘lay? Kelki, o‘zni bu balo qaydidin ozod qilay? Bayramo, yor vafo rasmig‘a mu’tod emas, Emdi jonimni jafosi bila mu’tod qilay? — Source: https://wikisource.org/wiki/Necha_hijron_g%E2%80%98amidin_nolayu_faryod_qilay.... Downloaded from uzbekai.com.