Boborahim Mashrab Boborahim Mashrab Afsona bo’lmag’uncha Ishqingda yonmas oshiq devona bo’lmag’uncha, Sham’ingga kuymagay ul parvona bo’lmag’uncha, Bog’lab belin bu yo’lda mardona bo’lmag’uncha, Boshg’a olib malomat afsona bo’lmag’uncha, Sevmas salafin sarrof durdona bo’lmag’uncha. Sansiz manga, nigoro, ikki olam kerakmas, Taxtu baxti Sulaymon, manga Hotam kerakmas, Xizr umri zindaligi manga ul ham kerakmas, Sansiz o’lay, duo qil, manga bul dam kerakmas, Jonu tanim qolmadi begona bo’lmag’uncha. Arshing kuyar ohimdin tongla bo’lsa Qiyomat, Insu malak titrashib aytur: «Nechuk alomat?» Huru g’ilmon, bihishting etishurlar nadomat, Chiqsa ohim uchquni hech kim qolmas salomat, Qolmas molik do’zaxing so’zona bo’lmag’uncha. Tushti boshimg’a ishqing, larza qilib yig’ladim, Taqlir azal shundog’ deb, belim mahkam bog’ladim, Oshiq ishi qattig’ deb, ohu vohlar ayladim, Darding behad zo’rladi, dargohin(g)ga yig’ladim, Rahm aylamas nigorim giryona bo’lmag’uncha. Oshiq bo’lsang tunu kun jonni qurbon aylag’il, Dog’i furqat dardidin doim afg’on aylag’il, Zulfi chinlar kufrini zinhor imon aylag’il, Hajru mehnat jafosi tegsa pinhon aylag’il, Joningga jon ulashmas, jonona bo’lmag’uncha. Nomus ketmas hech kimdin ishqqa qadam qo’ymasa, Adham sifat dunyoni to pushti po urmasa, Vosil bo’lmas vaslig’a yolg’uz o’zin sevmasa, G’ozi bo’lub qazoga har o’tig’a kuymasa, Topmas dilbar so’rog’in jo’yona bo’lmag’uncha. Vaqti bahor may ichgil, bilsang ishrat g’animat, Soqiy, sungil qadahni fursat, sihat g’animat, Zohid aytur, yoronlar, tasbeh, toat g’animat, Mashrab qalandaringga dardu mehnat g’animat. Ko’rmas mash’uq yuzini afsona bo’lmag’uncha. Agar oshiqlig‘im aytsam... Agar oshiqlig‘im aytsam, kuyub jon-u jahon o‘rtar, Bu ishq sirrin bayon qilsam taqi ul xonumon o‘rtar. Kishiga ishq o‘tidin zarraye yetsa bo‘lur giryon, Bo‘lub besabr-u betoqat, yurak-bag‘ri chunon o‘rtar. Meni bexonumon tinmay kuyub-yondim firoqingda, Oting tutsam, «Nigoro» debki, zavqidin zabon o‘rtar. Qayu til birla, ey jono, seni vasfing bayon aylay, Tilim lol-u ko‘zum giryon, so‘ngaklarim nihon o‘rtar. Na qattiq kun ekan, jono, visolingdin judo bo‘lmoq, Meni ohim tutunig‘a zamin-u osmon o‘rtar. Bu dard ila xarob o‘ldum, kelib holimni so‘rmassan, G‘aming boshqa, alam boshqa, yurakimni fig‘on o‘rtar. Bu Mashrab dardini, jonoki, har kim boshig‘a solma, Agar mahsharda oh ursam, behishti jovidon o‘rtar. Bir nuqtada ming ma’no To olami zohirg’a kelib man guzar ettim Tark ayladimu jumlani, qat’i nazar ettim. Ahvoli dilim aytg’ali bir mahrame topmay, Zulmingni qarindoshu g’amingni padar ettim. Bir qushki, cho’loq, sen sori parvoz etayin deb, Hajr o’qlarini jonga suqub bolu par ettim. Dushmanga chu harb etmak uchun chora topolmay, Do’stum qo’lini tuttimu tig’u tabar ettim. G’am shomida qalbimg’a guzor etti xayoling, Ko’z yosh, yurak qoni bilan mohazat ettim. Savdoyi sari zulfung uchun necha mahaldur, Jon kishvarini buzdimu zeru zabar ettim. Bir martabada turmas emish shoh ila darvesh, Bas, jandani kiydim, o’zimi darbadar ettim. Ko’tahnazar el bilmasa deb xasta bu Mashrab, Ming ma’nini bir nukta bila muxtasar ettim. Chaman ettim Dil dashtida g’am ohularig’a vatan ettim, G’amzang o’qi to lolalar ochti, chaman ettim. Ishq ahli maning sori kelurg’a 6u erur yo’l, Har yerda tarab gullari erdi vatan ettim. Nayson kabi ko’zdin yog’adur ashki ravonim, Sadqangga yurak qonini la’li Yaman ettim. Mehring qushi ko’nglim qo’lidan ajramasun deb, Jon rishtasi birlan oyog’idan rasan ettim. Jonimg’a nigohing o’qidin gullar ochilsa, Sayrimg’a ani nastaranu yosuman ettim. Rasvolig’ o’tin balki o’zimg’a yoqadurman, Jismimg’a samandar kabi o’t pirahan ettim. Mashrab, bu so’zing topdi saning bo’yi shahodat, Qonlig’ tanima ishq libosin kafan ettim. Chidayolmas Ishq mazhabiga taqviyu toat chidayolmas, Tasbehu sano, zuhdu ibodat chidayolmas. Kim ko’rsa o’shal dilbari ra’noni bayakbor, Betoqat o’lub, ayshi farog’at chidayolmas. Faryodu fig’onlar qiladurman kecha-kunduz, Hayratda qolib, qad ila qomat chidayolmas. Adhamsifat ul kirsa kishi faqr yo’liga, Osoyish ila xayri saxovat chidayolmas. Arbobi muhabbatga yetib bo’yi sanamdin, Aqli ketibon sabru qanoat chidayolmas. Ey zohid, agar ko’rsang o’shal mohliqoni, Zuhdu vara’u kashfi karomat chidayolmas. Devona qilar ishqi sanam vasli chu Majnun, Nomusu hayo, aybu qabohat chidayolmas. Kim jomi muhabbat mayidin jur’aye ichsa, Shohona hasham, izzatu hurmat chidayolmas. Bu ishq elining har dam etar valvalasig’a, Beshubha, biling, dasti irodat chidayolmas. Mashrab, kelibon ko’ngul ila raqsi samo’ qil, Ishq mazhabida obi tahorat chidayolmas. Dardi sirimni kavlama Ey sabo, gʻambodadurmen, bistarimni kavlama, Chun shafaqoludaman, xokistarimni kavlama. Har zamone Laylidin manga kitobatlar kelur, Senki Majnun boʻlmasang, sardaftarimni kavlama. Xonavayronlar bilur aftodalarning holini, Eyki, mahram boʻlmasang, chashmi tarimni kavlama. To kishiga dard tegmay, boʻlmadi bagʻri kabob, Dilda darding boʻlmasa, dardi sirimni kavlama. Hajr toshidin zarru ofat boshigʻa yetgan oʻzum, Kishtiyi motamdadurman, langarimni kavlama. Yeti doʻzax oʻrtanur aftodalarning ohidin, Otashi hajrida kuygan mijmarimni kavlama. Lomakonning shahrini bu hu bila sayr ayladim, Jabrayil, borgʻil nari, bolu parimni kavlama. Bahri rahmatga kirib, qildim vujudimni adam, Maʼrifatdin bexabarsan, daftarimni kavlama. Durri daryoyi maoniy boʻldi chun Mashrab, vale Diydabino boʻlmasang, koʻz gavharimni kavlama. Dastingdan Ne g'urbatlarni chektim charx bebunyod dastingdin, Mudom motamda qoldim, bo'lmadim dilshod dastingdin, Tamomi xonumonim bo'ldi chun barbod dastingdin, Qafasdin bo'lmadimki qumridek ozod dastingdin, Hama obod bol'di, bo'lmadim obod dastingdin Ki men har qayga borsam, dod etarman, dod dastingdin. Dilimning quvvati, ruhi ravonimdin ayirdilar, Ko'zimning oqi yanglig' mehribonimdin ayirdilar, Azizim, hamdamim, oromijonimdin ayirdilar, Jahon gulzorida ul gulistonimdin ayirdilar, Hama obod bol'di, bo'lmadim obod dastingdin Ki men har qayga borsam, dod etarman, dod dastingdin. Chamanda bulbuli sho'ridadurman, oshyonim yo'q, Misoli chug'dek vayronalarda ham makonim yo'q, Vafolig' yor deb chiqti, jasadda balki jonim yo'q, Azizimdin judo bo'ldum, boshimda soyabonim yo'q, Hama obod bol'di, bo'lmadim obod dastingdin Ki men har qayga borsam, dod etarman, dod dastingdin. Meningdek g'amga qolgan, dilparishon o'lmasun hech kim, Ko'zi chun termulub yo'llarda vayron o'lmasun hech kim, Bahori gulshani umri zimiston o'lmasun hech kim, Bu dunyo diydasig'a torikiston o'lmasin hech kim, Hama obod bol'di, bo'lmadim obod dastingdin Ki men har qayga borsam, dod etarman, dod dastingdin. Umidim bor, etkurgaymusan xurshidi matlabni, Saodat burjidin ul sha'mi iqbolimg'a kavkabni, Ko'targaysan boshimdin ikki olamda qaro shabni, Iloho, sen etur himmat yo'lig'a xasta Mashrabni, Hama obod bol'di, bo'lmadim obod dastingdin Ki men har qayga borsam, dod etarman, dod dastingdin Devona bo’ldum Ko’rdum yuzungni — devona bo’ldum, Aqli hushimdan begona bo’ldum. Tortib jafoni o’lsam ko’yingda, Qaytmasman hargiz — mardona bo’ldum. Bo’lib jahonda rasvoi olam, Yaxshi-yamonga afsona bo’ldum. Kavsar sharobi yodimg’a kelmas, La’li labingdin mastona bo’ldum. Yumdum ko’zumni sendin bo’lakdin, Kechdim baridin, rindona bo’ldum. Ko’rdum tushumda sham’i jamoling, Charx urub ondin parvona bo’ldum. Ishqing mayini sundi bu jismim, Ham soqi-yu ham paymona bo’ldum. Bir qatra erdim, cho’mdum dengizga, Kirdim sadafga — durdona bo’ldim. Kuydirmasa o’t, bo’lmas og’och cho’g’, Ishq o’ti birlan hamxona bo’ldum. Bo’ldum fano men tufrog’ ichinda, Bir dona erdim, ming dona bo’ldum. Ul yuz o’tida bud bo’ldi nobud, Jon jong’a kirdi, jonona bo’ldum. Tegdi ko’zingdin har damda ming tiyr, Avval edim dasht, gulxona bo’ldum. Bir necha yildur yordin judoman, Bilmay o’zumni hayrona bo’ldum. Kuymas,dedilar, ma’murai ganj, Obod edim man, vayrona bo’ldum. Mashrabga may sun mayxona ichra, Kechtim baridin — rindona bo’ldum. Devona qildi ishq mani Man kimga aytay, do’stlarim, devona qildi ishq mani, Sadpora qildi yurakim, devona qildi ishq mani. Tun-kechalar dod aylasam, har dam sani yod aylasam, Ishqingda faryod aylasam, devona qildi ishq mani. Shomu sahar giryon bo’lay, yo’lungda sargardon bo’lay, Oxir sanga qurbon bo’lay, devona qildi ishq mani. Hamdam bo’lay mayxonaga, sokin bo’lay butxonaga, Boshim qo’yay ostonaga, devona qildi ishq mani. Ishq ahliga hamdam bo’lay, Haq yo’liga mahkam bo’lay, Dargohiga mahram bo’lay, devona qildi ishq mani. Devonayi shaydo bo’lay, man tolibi Mavlo bo’lay, Xalq eliga rasvo bo’lay, devona qildi ishq mani. Mashrabga qil lutfu karam, vahdat sharobin dambadam, Ey sohibi Lavhu Qalam, devona qildi ishq mani. Dunyoga kelib loyiga bilmay bota qoldim... Dunyoga kelib loyiga bilmay bota qoldim, Darmon yo’qidin necha og’iz so’z qota qoldim. Ko’rdumki ani dushmani ruh-u tan ekandur, Lo o’qi bila ikki ko’ziga ota qoldim. Mayxonag‘a kirdim, bila qoldim kuyarimni, Masjidg‘a kirib, zohidi yaxdek qota qoldim. Zohid, menga bir shishada may, senga namozing, Ming taqvini bir kosayi mayg‘a sota qoldim... Vahdat mayini piri mug‘on ilgidin ichtim, Mansur kibi dorg‘a boshimni osa qoldim. Bu telbaligim shuhrati olamg‘a to‘lubdur, Bir jilvasig‘a ikki jahondin o‘ta qoldim. Ayb aylamangiz Mashrabi bexudni, yoronlar, Naylayki, bu g‘urbat ko‘chasidin o‘ta qoldim. Eshit Arzimni Ey Dilbar Azaldan to abad koʻnglum qutulmas ishq balosidin, Yurokim rahnalar boʻldi, bu ishqning mojarosidin. Xayolimda sening vasling, topolmasman, meni hayron, Magar vaslingga yetsam piri komilning duosidin. Eshit arzimni, ey dilbar, yurak-bagʻrim kabob oʻldi, Raqiblar shodmon boʻldi nigorimning jafosidin. Sanam, sensiz bu dunyoda tiriklik qilmogʻim mushkul, Kel, ey koʻngul, kecholi bu tiriklikning baqosidin. Sanam, ishqing oʻti oxir meni bexonumon etti, Kuyarman dam-badam tinmay bu dardi bedavosidin. Xarob oʻldi mening koʻnglum, kishim yoʻqturki, roz aytsam, Soʻngoklar raxnalar boʻldi dilimning ohi bosidin. Seni ishqing bila yigʻlab, agar mahsharda oh ursam, Kuyarlar moʻminu kofir bu Mashrabning navosidin. Har kishini dardi bo’lsa Har kishini dardi bo’lsa, yig’lasun yor oldida, Qolmasun armon yurakda, etsun izhor oldida. Andalibi benavodek nola-yu afg’on bila Doimo yig’lab turarman ayni gulzor oldida. Mansuri Xallojdek ichib sharobi antahur, Charx urub, yig’lab turarmen ushbu dam dor oldida. Har kishi bir jur’ae no’sh aylasa bu bodadin, Ul qiyomatda qilur arzini Jabbor oldida. Telba Mashrab, qilmag’il sirringni zohidga ayon, Aytib-aytib yig’lagaysan oshiqi zor oldida. Hayron bo’la qoldim Ko’z uchi bilan dilbari ra’no manga boqti, — Hayron bo’la qoldim, Yuz nozu karashma bila yor qoshini qoqti, — Sarson bo’la qoldim. «Jonimni olur bo’lsang ol!» deb yoniga bordim, — Kuldi: «Nari tur!» deb, Bexud qilibon boshima savdosini soldi, — Nolon bo’la qoldim. Aydimki, yana: «O’rgulayin, qoshima kelsang», — Yuzini o’gurdi, Hushum ketibon ko’zdagi yosh qon bo’lub oqti, — Giryon bo’la qoldim. Boskan izini ko’zuma surttum nola aylab: — «Dilbar qaydasan?» deb, Chiqmadi sado, ishq o’tini jonima yoqti — So’zon bo’la qoldim. Oh urdimu aydimki, «Sani qayda toparman izlab?» — Dedi: «Sabr et!» Hech qolmadi sabrim, jigarim suv bo’lub oqti, — Tobon bo’la qoldim. Mashrabga sahar yori shirin so’z qotib o’tti, — Jondin kecha qoldim, Devona qilib, jonim olib, billah(ki) yiqti, — Qurbon bo’la qoldim. Hech kima maʼlum emas Hech kima maʼlum emas holi parishonim mening, Osmonni tiyra qildi ohu afgʻonim mening. Men nechun shod etmayin bul xasta koʻnlumni bugun, Keldi xolimni soʻrab ul shoʻx jononim mening. Ey sitamgar, kelgilu emdi shahid etkil meni, Mavj ursun Karbalo dashtida bu qonim mening. Chun Surayyo bormusan, aflokdin bolomusan, Bu falakda koʻrmadim, ey koʻzi choʻlponim mening. Nozu istigʻno bila ketgil, meni holimni soʻr, Termulib doim yoʻlungda chashmi giryonim mening. Tobakay jabru sitam birla yurursan, ey rafiq, Chiqti, Mashrab, ushbu gʻamdin bu aziz jonim mening. Ishqingda o’ldum Shohi jahonim, ishqingda o’ldum, Oromi jonim, ishqingda o’ldum. Kimdin o’rganding muncha jafoni, Ey nuktadonim, ishqingda o’ldum. To qoba qavsayn sharhi qoshingdir, Abro’ kamonim, ishqingda o’ldum. Qaqnusga o’xshab nola qilurman, O’rtandi jonim, ishqingda o’ldum. Bir rahm qilg’il, holimni so’rg’il, Nomehribonim, ishqingda o’ddum. Yorim sanga man chokar bo’loyin, Sohibqironim, ishqingda o’ldum. Mashrabga bir boq, jon dabg’a yetti, Ruhi ravonim, ishqingda o’ldum. Keldi Namangan shahridin, do’stlar, mening yoronlarim keldi, Otam birla onamni bilguchi mehmonlarim keldi. Shijoat bobida har qaysisi bir Rustamu Suhrob, Adolat taxtig’a mingan bu kun sultonlarim keldi. Inoyatli, diyonatli, yana ham murshidi komil, Hama orif, hama sodiq, hama irfonlarim keldi. Alarming xoki poyi ko’zlarimga to’tiyo, Mashrab, Charog’imni munavvar qilg’uchi xoqonlarim keldi. Kelmadi Va’da qildi bir kelay deb, ko‘zga uyqu kelmadi, Telmurub yo‘lida qoldim sho‘xi badxo kelmadi. Necha keldi shum raqiblar, ul pariro kelmadi, Dardidin o‘ldum, tabib, dardimg‘a doru kelmadi, Men shahidi ishq bo‘ldum qatrayi suv kelmadi... Oh-voh aylab, g‘aribliq shahrida bemorman, Gar olur bo‘lsang jonimni ol, sanam, bezorman. Pardani yuzdin ko‘targil, oy yuzungga zorman, Soqiyo, to‘lg‘incha may ber, necha kun xummorman, Barcha majlislar guli zulfi sumanbo‘ kelmadi. Tashna lab o‘ldum g‘amingdan, mehribonim, qaydasan? Oh urub istab yurubman, jonajonim, qaydasan? Izlasam yo‘qtur makoning, lomakonim, qaydasan? Mahrami sirrim meni, ey rozdonim, qaydasan? Yuz tuman savdoye tushti, maslahatgo‘ kelmadi... Ich-u toshim g‘amg‘a to‘ldi, g‘amgusorim, kelsango, Harna qilsang, sen o‘zing qil, dilda borim, kelsango! Jumla shohlarning ulug‘i, nomdorim, kelsango, Marhamatlik podshohim, tojdorim, kelsango, Dilni zangin ko‘rsaturga oyinaro‘ kelmadi... Zohido, Mashrabga deding: «Masjid ichra qo‘y qadam!» Fashidin qildim ibo, hech urmadim men anga dam, «O‘lturub mehrobda, debdi, xotiringni ayla jam!» Turfa ishdurkim Ko‘rung masjidga kirmish dard-u g‘am, Necha kun zohid bo‘lub, ko‘ngulga bir «hu» kelmadi. Ko’rgoli keldim Ishqing o’tig’a kuygoli keldim, Oydek yuzungni ko’rgoli keldim. Savdoi zulfing tushdi boshimg’a, Sendin savollar so’rgoli keldim. Bahringga kirdim g’avvos bo’lay deb, Bir durri maqsud olg’oli keldim. Mani so’rasang, ey guluzorim, Mahvi jamoling bo’lg’oli keldim. Qofila ketti,manzilga yetti, Men ham boray deb ketgoli keldim. Soqiy, qadahni qilg’il muhayyo, Vahdat mayidin ichgoli keldim. Rahmat eshigin Mashrabga ochg’il, Ishqing ko’yida o’lg’oli keldim. Ko’rsat jamoling Ko’rsat jamoling mastonalarg’a, Ishqingda kuygan parvonalarg’a. Mendin duodur,sendin — ijobat, Jonim tasadduq jononalarg’a. Ey ko’ngli qattig’,rahm aylamaysan, Qilg’il nazar sen bechoralarg’a. Mashrab seni deb kechti jahondin, Boshini qo’yub ostonalarg’a. Manam, manam, manam Maqsudi Haqning asliyam, ore, manam, manam, manam, Sohibi nuri fazliyam, ore, manam, manam, manam. Qatrani man guhar qilay, xoru xasini zar qilay. Jumlani boxabar qilay, ore, manam, manam, manam. Zoti uchun qatil bo’lay, otashila Xalil bo’lay, Ko’yida Jabrail bo’lay, ore, manam, manam, manam. Ko’rini man bino qilay, murdaga jon ato qilay, Zotiga oshno qilay, ore, manam, manam, manam. Ko’si muhabbatiy uray, jumlani nurga to’lduray, Yetti falakni kuyduray, ore, manam, manam, manam. To’boni sarnigun qilay, rofizini junun qilay, Bangini rahnamun qilay, ore, manam, manam, manam. Ishqini zulfiqoriman, Mashrabi beqarori man, Xizru Masehni yoriman, ore, manam, manam, manam. Mashrabi mo’tabar o’zum Gulshani bog’i dahr aro bulbuli nag’magar o’zum, Bir buti bebadal uchun oshiqi darbadar o’zum. Ko’yunga dam-badam borib, navhavu zorlar qilib, Shomu sahar fig’on etib, hofizi xush asar o’zum. Yo shahi mehribonmusan, yo mahi osmonmusan, Yer bila ko’kni kuydurub kavkabayu qamar o’zum. Jomi mayi luob ichib, majnuni benavo bo’lub, Nozu karashmalar qilib, layliyi ishvagar o’zum. Sham’i jamoling o’rtadi jonu dilimni, ey sanam, Bolu parimni kuydurub, bedili navhagar o’zum. Vaslingni istab, ey sanam, kechayu kunduz mudom, Saharda bedor o’l dedingki, doyayi sahar o’zum. Xisravi komron bo’lub, Rustami doston bo’lub, Bir zo’r pahlavon bo’lub, Hamzayi raxnagar o’zum. Olimi nuktadon manam, piri hidoyaxon manam, Shuhrati she’r bobida Mashrabi mo’tabar o’zum. Mashrabman Sanamning ishqida tinmay yurub, ovvora Mashrabman, Ko’zi yoshlig’, qadi xamlig’, dili sadpora Mashrabman. Ko’ngulda zarracha dunyoni mehri bo’lmayin menda, Seni deb ikki olamdin kechib, bezora Mashrabman. O’lib ketsam, lahad ichra so’ngakdin ketmagay darding, Jahonda topmadim choraki, men – bechora Mashrabman. Anodin qay kuni bo’ldum, sening ishqingda oh urdum, Muhabbat dashtida yurgan bo’lub ovvora Mashrabman. Muhabbat jomidin may tuttilar, ichmasga choram yo’q, Ko’zumdin qon yoshim tinmay oqar, xunbora Mashrabman. Boshimga ming balo kelsa, tilarman vaslin, ey zohid, "Tilim kessang, to’yorim yo’q, - degan, - diydora” Mashrabman. Xaloyiqlar meni quvlar, yomon deb har shahar borsam, Ajab mardud, ajab maxrum, ajab sangsora Mashrabman. O’zumni xalq aro ixfolig’imni hech kishi bilmas, Dilu jonim fido aylab, ajab ayyora Mashrabman. Meni devona Mashrabga muhabbatdin bayon aylang, Namozu ro’zadin forig’ bo’lub sayyora Mashrabman. Mehribon onam Jamoling ko’rgali keldim, ayo ey mehribon onam, Mening uchun ado bo’lg’an yuragu bag’ri qon onam. Xo’tan dashtiga tushtum bul falakning gardishi birlan, Eshitkil arzi holimni, men aytay senga, jon onam. Ajoyib mehribonimsan, meni oromi jonimsan, Murodi du jahonimsan, bihishti jovidon onam. Meni bir jodu ko’zluk bul jahon ichra xarob etti, Qadi sarvu sanavbar, qoshlari misli kamon, onam. Boshimga tushti bul savdo, bo’lubman bulbuli shaydo, Shabistoni jahonda qumridek shakkarfishon onam. Bu ishq o’ti xarob etti, yurak-bag’rim kabob etti, Meni xoki turob etti yuzi mohi tobon onam. Seni ko’p intizor ettim firoq o’tig’a, ey Ka’bam, Tavofi Ka’bayi maqsuda keldim, dilkashon onam. Iloho, avf qilg’aysan bu Mashrabning gunohini, Tufayli onayi zorim, g’aribu notavon onam. Men nola qilay shomu sahar Men nola qilay shomu sahar dod, eshigingda, Jonimni beray, sho’xi parizod, eshigingda. Ul lolavu rayhonu suman, toqa qizil gul, Ham sarv bukuldi, qadi shamshod eshigingda. Xo’boni jahon bo’lsa taqi Yusufi Kan’on, Sultonu amir bandayo, ozod eshigingda. Zulfing seni bu jonima yuz domi balodur, Jonim qushi sayd o’ldi chu sayyod eshigingda. Olam borisi lazzati husnungni topibdur, Giryonu fig’on, nolavu faryod eshigingda. Savdoyi muhabbatga tushubman seni izlab, O’lturdi g’aming, ko’zlari jallod, eshigingda. Ashkim to’kubon hajru g’amingda kecha-kunduz, Vayrona vatan – manzul obod eshigingda. Ul husnu jamoling o’ti Mashrabg’a tushubdur, Parvonasifat quydi, parizod, eshigingda. Meni yo’qlar kishim bormu Namangondin ketar bo’lsam, meni yo’qlar kishim bormu? G’ariblik shahrida o’lsam, meni yo’qlar kishim bormu? Qani qavmu qarindoshim, bu yo’lda bo’lsa yo’ldoshim, Ko’zumdin oqizib yoshim, meni yo’qlar kishim bormu? Muhabbat sharbatin ichtim, qazondek qaynabon toshtim, Bu foniy dunyodin kechtim, meni yo’qlar kishim bormu? Tushubdur boshima savdo, ramuzu ishqdin g’avg’o, O’ziga ayladi shaydo, meni yo’qlar kishim bormu? Turarga toqatim yo’qtur, yurarga holatim yo’qtur, Yurakda ishq o’ti cho’qdur, meni yo’qlar kishim bormu? Qarorim yo’q turay desam, Namangonda yuray desam, Jahonni sayr etib kezsam, meni yo’qlar kishim bormu? Bu miskin zor Mashrabni kishi holini bilmaydur, Bu yerdin bosh olib ketsam, meni yo’qlar kishim bormu? Murabba’ Hamdu sanolar aytay xudoga, Yorga yetar kun bormu, yoronlar? Yetgaymu dodim nozuk adoga, Yorga yetar kun bormu, yoronlar? Shum toleimdan ko’rdum jafoni, Zolim raqiblar ko’rdi vafoni, Holim so’r emdi, bergil davoni Yorga yetar kun bormu, yoronlar? Bulbuldayinkim faryod etarman, Ishq daftarini bunyod etarman, Ko’nlumni bir dam men shod etarman, Yorga yetar kun bormu, yoronlar? Qachon visoling bo’lg’ay muyassar, Ishqingda kezdim ham bahru ham bar, Dardu alamga to’ldi ko’ngullar, Yorga yetar kun bormu, yoronlar? G’am bahri qildi mavjini bunyod, Ishqingda qildim ming ohu faryod, O’tti nigorim chun sarvi ozod, Yorga yetar kun bormu, yoronlar? Hajr ahli keldi, tutti yoqamdin, Bag’rim tilindi paykoni g’amdin, Faryod etarman ushbu alamdin, Yorga yetar kun bormu, yoronlar? Sham’I firoqing ko’ksimda yondi, Ko’z yoshim oqib bag’rimga tomdi, G’aflatda qolgan Mashrab uyondi Yorga yetar kun bormu, yoronlar? Na qilay Bu tani xokiyni-yu ruhi ravonni na qilay?! Bo‘lmasa qoshimda jonon bu jahonni na qilay?! Yorsiz ham bodasiz Makkaga bormoq ne kerak?! Ibrohimdin qolg‘on ul eski do‘konni na qilay?! Urayinmu boshima sakkiz behisht-u do‘zaxin, Bo‘lmasa vasli menga ikki jahonni na qilay?! Zarraye nuri quyoshdek bu jahon ichra tamom, Oshkora bo‘lmasa sirri nihonni na qilay?! Arshning kungurasin ustig‘a qo‘ydum oyog‘im, Lomakondin xabar oldim, bu makonni na qilay?! Bir xudodin o‘zgasi barcha g‘alatdur, Mashrabo, Gul agar bo‘lsa qo‘lumda, ul tikanni na qilay?! Nogoh ko’rubon mahvi Nogoh ko’rubon mahvi jamoling bo’la qoldim, Oydek yuzingga boqdimu hayron bo’la qoldim. O’t tutashib kuydi yuragim birla jonim, Parvona bo’lub o’tga yuzimni ura qoldim. Yuz g’amza bila chiqdi sanam may kadasidin, Zunnor uzub, din bila imon sota qoldi. Ko’rdumki,ajib ishvagaru dilbari tannoz, Devona bo’lub ishqida o’tdek yona qoldim. Diydori jamolini ko’rub ishq yo’lida, Gulgun yonubon mavhi tomosho bo’la qoldim. Hojat emas ul Ka’bai jononag’a bormoq, Men gavhari maqsud bo’loyin deb yona qoldim. Mashrab boshig’a tushdi o’shal kun g’ami dildor, Shaydoyi bo’lub jumla havasdin qola qoldim. Nogoh ko’runub ko’zlari shahlo Nogoh ko’runub ko’zlari shahlo boqa qoldi, Parda ko’tarib qoshini ul dam qoqa qoldi. Oshiq ekanimni bilib ul dilbari ra’no, Aqlimni olib, jonima o’tlar yoqa qoldi. Ruhum eritib yoshini, vah-vah, yuzi otash, Ishq chaqmog’ini jonima, naylay, chaqa qoldi. Tarsobachani ko’rdimu din ketti qo’lumdin, Qil sajda debon bo’ynuma zunnor taqa qoldi. Men oning uchun kechayu kunduz yugururmen, Yorim kelibon birgina holim so’ra qoldi. Aydi: "Ne tilarsan?” Dedim: "Sham’I jamoling!” Ko’rsatti yuzin, maqsud hosil eta qoldi. Mashrab bu jahonda yurubon topmadi bir mard, Yuz shukrki, oning bila ulfat bo’la qoldi. Oldida Kori muflis sahl erurkim pod(i)shohning oldida, Siynayi daftarni ochmang dil siyo(h)ning oldida. Man tasadduqi o’shandoq oli himmatlar bo’lay, Ikki olam bir qadamdur avliyoning oldida. Rahmatanlilolamiynning ummati bo’lsang agar, Rohi aslingdin gapurma ro’ siyo(h)ning oldida. Kimki johildir nasihat bersang anga saxt yetar, Ikki dunyo nur bo’lur sohib duoning oldida. Domani davlatni tutganlar bilur bul ma’nini, Yaxshi so’zni so’zlamang baxti qaroning oldida. Mashrabo, har qayga borsang izlagil ganji nihon, Ro’zi Mahshar qurb topgaysan Xudoning oldida. Oshiq bo’libsan, bo’lmag’il g’ofil Malaksan yo bashar, yo huru g’ilmonsan, bilib bo’lmas, Bu lutfu bu nazokat birla sendin ayrilib bo’lmas. Ajab berah dilbarsan, ajab sho’xi sitamgarsan, Charog’I husni ro’yingdin ko’ngulni ham uzub bo’lmas. Yuzungni oftobini ko’rub hayron bo’lub qoldim, Falakka qul uzotib, shamsi anvarni olib bo’lmas. Yuzung misli qizil guldur, ko’ngul chun bulbuli shaydo, Bu gulning ishqidin bulbul chamandin ayrilib bo’lmas. Kel, ey Mashrab, agar oshiq bo’libsan, bo’lmag’il g’ofil, Bu g’aflat uyqusidin, ey yoronlar, uyg’onib bo’lmas. Oshiq uldur to diliga saqlasa asrorini Oshiq uldur to diliga saqlasa asrorini, Barham ursa yo’lig’a olamda y’o’qu borni. To o’zungga dard tegmay, aylanib kelmas davo, Bas, bu ma’nodin hakimlar ko’p so’rar bemorni. Garchi osiyman, aning dargohidin navmid emam, Bir gul uchun suv berurlar sad hazoron xorni. Oxiri manzilga yetmasdur kuduratlik ko’ngul, Dilga jo bermoq na hojat dushmani g’addorni. To dilingga ma’rifatdin nuri imon bo’lmasa, So’filar, bir hug’a almashlang ani – dastorni. Xotiri pokingni mashg’ul qilma hargiz dunyog’a, Dil g’uboroluda bo’ldi, ul ko’rolmas yorni. Avliyolardek muazzam bo’layin desang, vale Mashrabo, hech kanda qilma dildin istig’forni. O’ttum Ishq vodisidin bir kecha men "hay-ha”lab o’ttum, Monandi nayiston gulig’a o’t qalab o’ttum. Ofoqni bir lahzada kezdim, na ajabdur, Mino tog’idin akkasifat hakkalab o’ttum. Ottim fashi-dostorini devonalig’ aylab, Parvonasifat jonimi o’tqa qalab o’ttum. Bildimki, vafosi yo’q ekan ushbu jahonni, Mardona bo’lub, balki, etak siltalab o’ttum. Dunyo yasanib, jilva qilib oldima keldi, "Borg’il nari!” deb (ketig’a) bir shattalab o’ttum. Bildimki oni, dushmani makkorayi ayyor, "Lo” tirnog’I birla yuzini tirmalab o’ttum. Mardoni xudo dediki: "Dunyo mayi achchig’”, Achchig’ligini bilmak uchun bir yalab o’ttum. Nafs kofiri birla tunu kun qildim urushni, Tanho qilichi birla urub, qiymalab o’ttum. Xomush pichog’in har dam oning bo’g’ziga qo’ydum, Cho’g’ nayzasi birla ko’zini nayzalabb o’ttum. Devonayi Mashrab, bu so’zung dardga davodur, Oshiq elining ko’nglig’a bir o’t qalab o’ttum. O’zginam Ishq o’tiga o’rtanib devona bo’lgan o’zginam, Kuya-kuya kul bo’lub biryona bo’lgan o’zginam. Oshiqi diydorman, ey yor, bilmassan magar, Mansuri Xallojdek dorga osilgan o’zginam. Kuya-kuya kul bo’lub dunyodin o’tkan bormukin, Ishq yo’lida ming o’lub, ming bor tirilgan o’zginam. Chok siynamni qilib mahsharda aylarman fig’on, Ul kuni diydor deb mahsharni buzgan o’zginam. Ul sirot al-mustaqim oldida barcha yig’lashur, Ishqni rahbar qilibon andin o’tkan o’zginam. Qalandar bo’l, qalandar bo’l Murodingga yetay desang, qalandar bo’l, qalandar bo’l, Sitam ahlin yutay desang, qalandar bo’l, qalandar bo’l. Og’izdin dur sochay desang, sharobi ishq ichay desang, Yomonlardin qochay desang, qalandar bo’l, qalandar bo’l. Fasod ahlin quvay desang, (ketiga) bir uray desang, Bu dargohdin suray desang, qalandar bo’l, qalandar bo’l. Riyozatsiz bo’lay desang, tanim ozod yuray desang, Jahonni sayr etay desang, qalandar bo’l, qalandar bo’l. Razolat kuyduray desang, zalolat o’lduray desang, Hamasin supuray desang, qalandar bo’l, qalandar bo’l. Bu taqvodin kechay desang, xonaqohdin qochay desang, Haqiqatni ochay desang, qalandar bo’l, qalandar bo’l. Guharrezlik qilay desang, hamani kulduray desang, Chu Mashrabdek bo’lay desang, qalandar bo’l, qalandar bo’l. Qosh qoqtivu ketti Nogoh ko’runub ko’chada ul sarvi xiromon, — Qosh qoqtivu ketti, Qosh uchida imo qilibon jubbasi larzon, — Bir boqtivu ketti. Ul sho’xi pari, ko’zlari ofat, so’zi otash, — Hay-hay, ne javohir, Bir sheva qilib etti mani o’ziga hayron, — Xush yoqtivu ketti. Yuz jilva bilan borur eli ko’chada ul sho’x, — Bag’rimni qilib qon, Ming ta’zim ilan man qolibon volavu hayron, — Zor ettivu ketti. Ul zulfi parishon uyidin chiqsa boyakbor, — Man shukr etadurman. Ming jonim agar bo’lsa, qilay man anga qurbon, — O’t yoqtivu ketti. Mashrabni bu dunyoda xarob etgan o’zungsan, — Ey ko’zlari shahlo, Aydi so’zini, yoydi bu dunyoga farovon, — Dol ettivu ketti. Rasululloh keladi yoki Meʼroj? Kel endi Jabroil, Arshni supurgil ey, Anda mehmon boʻlgani Rasululloh keladi. „Mozogʻal basar“ koʻzlig, „shamsi va zuhal“ yuzlig, Hammadan shirin soʻzlik, Rasululloh keladi. Shamollargamu aytgil, sayr etishini qoʻysin, Beadablik qilmasin, Rasululloh keladi. Daryolargamu aytgil, mavj urishini qoʻysin, Oldida saqo boʻlsin, Rasululloh keladi. Azroilgamu aytgil, jon olishini qoʻysin, Xizmatda muqim tursin, Rasululloh keladi. Moliklargamu aytgil, doʻzax eshigin yopsin, Yoʻllariga gul tiksin, Rasululloh keladi. Gʻulmonlargamu aytgil, mehnat eshigin ochsin, Boshlariga dur sochsin, Rasululloh keladi. „Ufqul maqom“ga borib yigʻlaydi Jabroil: „Mundan oʻtsam, yo Rasul, qanotlarim kuyadi“, Mahshar kuni boʻlgan yigʻlaydi Mashrobo, Rasululloh keynidan Mashrab qalandaring keladi. Sharh aylasam ishq daftarini Sharh aylasam ishq daftarini, jon chidayolmas, Ham jonu jahon, odamu hayvon chidayolmas. Avrodi muhabbat o’qubon masjida kirsam, Masjid kuyaru toqi farozon chidayolmas. Mayxona kirib, vasli sanamdin xabar olsa, Zohid kuyaru oqilu nodon chidayolmas. Mahshar kuni gar barq urubon chiqsa nigorim, Do’zax kuyaru jannatu rizvon chidayolmas. Ishq daftaridin gar o’qusam sura bayakbor, Beshubha, biling, oyati qur’on chidayolmas. Gar nar’a urub tavsani himmat mina qolsam, Olamg’a tushub sho’rishi afg’on chidayolmas. Mashrab, sen agar da’viye ishqi sanam etsang, Billohki, anga jisming ila jon chidayolmas. Shodmonlik izlama Shodmonlik izlama, oxir boshinga g’am kelur, Odamining boshiga andishayi motam kelur. Osmonga etsa boshing misli Muso xomush o’l, Sar daraxt nurmeva bo’lgan so’ngra boshi xam kelur. Odamiyning asli birdur, bir-biridin farqi bor, Necha qarn o’tgan so’g’un dunyoga bir odam kelur. Vahmi mahshardin gapurmang norasoni oldida, Go’shi karg’a haq so’zi albatta noforam kelur. Yig’lamoq oson emasdur, ey jigarbandim, eshit, Mulki dil sadpora bo’lg’an so’ng ko’zingdan nam kelur. Olimi ilmiga maghrur, johili isyonga g’arq, Kas ne bilsun, rozi mahshar kimni toshi kam kelur. Yoshligingda yo’lga kirg’il, toki topqaysan kamol, Gar jarohat ko’hna bo’lg’an so’ngra bemalham kelur. Mashrabo, siynamdagi dardimni aytsam, arsh kuyar, Yo’l xatardur, qo’rqaman, majlisga nomahram kelur. Sig’mamdur Ajab majnun erurman, dasht ila sahrog’a sig’mamdur, Dilim daryoyi nurdur, mavj urub dunyog’a sig’mamdur. Shariat ham, tariqat ham, haqiqat mendadur mavjud, Chu sultoni azaldurmanki, arshi a’log’a sig’mamdur. Xaliloso bu yo’lda otashi Namrud – me’rojim, Hamon durri haqiqatmanki, har dunyoga sig’mamdur. Rizo mulkidaman, halqumni tuttum tig’I Akbarga, Bu yo’lda siynai poki Zabunullog’a sig’mamdur. Agarchande ziyorat qilmadim men Ka’bayi zohir, Tariqat hojisidurmanki, Baytulloga sig’mamdur. Gahi bo’ldum faqiru, gohi shohu, gah gadodurman, Ajab devonaman, fardoki mahshargohg’a sig’mamdur. Maqomi hayrat ichra gohi xudman, gohi bexudman, Junun bozorida mastmanki, istig’nog’a sig’mamdur. Gah o’rus, gohi cherkas, gohi mo’min, gohi tarsoman, Ne kavnayni miyoni lou illollog’a sig’mamdur. Mudom miskin erurman chun g’uloming – Mashrabingdurman, Meni bechora bu dunyo bilan uqbog’a sig’mamdur. Tanbur Setor demang, holi dilim so’rg’uchi tanbur, Ko’nglum girehin, g’amlarini surg’uchi tanbur. Bir necha raqiblar so’zidin g’amzada bo’lsam, Hamdard bo’lubon og’ushima kirguchi tanbur. Ko’tohnazar el buni hech qadrini bilmas, Dargohi azaldin xabare berg’uchi tanbur. Gar yor jamolini ko’rub pardag’a solsam, Nag’masi oni siynaxarosh etg’uchi tanbur. Ham yor jamolidek oni nash’asi bordur, Hayrat o’tidin mahzi sanam qilg’uchi tanbur. Oshiq yuragidin chiqib, o’ttek kelibon ul, Bir uchqunig’a jumlani kuydurg’uchi tanbur. Mashrabni tamom aqlin olib ul buti xunrez, Jonimni yoqib siynaxarosh etg’uchi tanbur. Tavbang qabul bo’lmas seni Ey ko’zimning sham’iyu ham nuri diydam ravshani, Odami imong’a yetmay hech vaqt bo’lmas G’ani, Mardumozori qilib bo’lma Xudoni dushmani, Osmonga yetsa boshing qilmagil movu-mani, To Otang rozi emas, tavbang qabul bo’lmas seni. Kechayu kunduz agar Qur’on tilovat aylasang, Shabni ro’z aylab mudom taqvoyi toat aylasang, Misli Hotamdek bo’lib xayru saxovat aylasang, Ka’bayi maqsudni ming bor ziyorat aylasang, To Otang rozi emas, tavbang qabul bo’lmas seni. Mashriqu Mag’ribni kezsang, yo’q bu dardingga tabib, Qilmag’ay andak shafoat, sayyidi nuri Habib, Kuydurur ul Moliki do’zax, seni oxir mujib, Yuz fig’onu nola qilsang, hech kishi kelmas qarib, To Otang rozi emas, tavbang qabul bo’lmas seni. Dini imoning bilan ursang bu yo’lda dastu po, Zo’ri bozing birla etsang o’ttiz uch ming xonaqo, Osmondin tushsa Iso, qilsa haqqingga duo Murshiding Xizri zamon bo’lsa, bo’lolmas rahnamo, To Otang rozi emas, tavbang qabul bo’lmas seni. Bo’yi rahmat anga yetmas, kimki badkirdordur, Go’r ani qilmas qabul, chirkin tani murdordur, Chun Xudo bandam demas, har kimki dil ozordur, Kim Padarozordur, andin Xudo bezordur, To Otang rozi emas, tavbang qabul bo’lmas seni. Toating behudadur, hargiz topolmassan samar, Sad hazoron nekni, bir xo’yi bad barham urar, Ey muqqaddar domaning kuydi o’zingdin bexabar, Arshi a’zamdin ulug’dur, bandaga amri Padar, To Otang rozi emas, tavbang qabul bo’lmas seni. Hech oqil o’zini ahli kasofat aylamas, Bu giyohi talxni hech kim ziroat aylamas, Kim Padarozordur Ahmad shafoat aylamas, Bandayi mo’min omonatga xiyonat aylamas, To Otang rozi emas, tavbang qabul bo’lmas seni. Mashrabo azmi safar qilgil neku kirdor bo’l, Bandalikni pesha tut, shab to sahar bedor bo’l, Oxiratni xavfidin qon yig’lagil hushyor bo’l, Bog’i rizvon istasang amri padarga yor bo’l, To Otang rozi emas, tavbang qabul bo’lmas seni. To kiydi qizil To kiydi qizil o’zini zebo qilayin deb, O’t yoqti jahon mulkida g’avg’o qilayin deb. Mastona xirom ettiyu ko’rguzdi qadini, Mendek necha devonani shaydo qilayin deb. Zebo sanamim gul yuzidin parda ko’tardi, Olam hama ko’z bo’ldi tamosho qilayin deb. Zulfini tarab, qosh uchurub jilvalar etti, Oshubi balo, fitnani barpo qilayin deb. To ayladim oldig’a borib arzi niyozim, Chin soldi jabinig’a tamanno qilayin deb. Mastona samand sekrata keldi shahi xunrez, Shamshiri jafoni yana burro qilayin deb. Ko’p yilki, bu qul xizmatini qilmadi barjo, Keldiki g’azab birla chu sazo qilayin deb. Boshimni kesib olg’ilu xushhol bo’lub ket, Qonimni to’kub, lolayi sahro qilayin deb. Xanjar qo’lida Mashrabin o’ldurg’ali keldi, G’avg’oyi qiyomatni huvaydo qilayin deb. Tushti savdoyi muhabbat boshima Tushti savdoyi muhabbat boshima, Or etar mardum kelurg’a qoshima. Vah, muhabbat ko’yida qon yig’ladim, Yeti iqlim g’arq bo’ldi yoshima. Sajda aylar zohid ul mehrobig’a, Men qilurman sajda egma qoshima. Qil hazar, albatta, jonon, qahrdin, Uzru zorim senga – bag’ri toshima. Muhtasib to’kturdi soqiy bodasin, Yetmadi aqli aning sirdoshima. Kunda yuz ming jabr qilsang, o’rgulay, Qo’y qarab g’am toshina bardoshima. Mashrabi devonaman hayron qilib, Ne sababdin kelmading bir qoshima. Xanjarni olo keldi Ming sho’ri fig’on birlan, hay-hay, ne balo keldi, Jon qichqiradur qo’y deb, xanjarni olo keldi. Qo’lida qilich fo’lod, qoshimg’a kelib jallod, Qildi mani bebunyod, tiyg’i guzaro keldi. Ketsam bu alam birlan, yuz kohishi g’am birlan, Savdoyi sanam birlan, xush davri safo keldi. Rozi bo’layin o’lsam, jon bergu(n)cha bir ko’rsam, Mundog’ ne balo birlan shiddatli qazo keldi. Zahmatga qazo yondosh, bo’ldi hammasi yo’ldosh, Ul javru jafo podosh, tiklab yuguro keldi. Devonayi Mashrabsan, qo’rqub nega yig’larsan? — Oshiq kishiga o’lmoq kim, ayni shifo keldi. Xox inon xox inonma Sensan sevarim, xohi inon, xohi inonma, Qondur jigarim, xohi inon, xohi inonma. G’am shomi firoqingda kabob etti falakni Ohi saharim, xohi inon, xohi inonma. Nogah sari zulfung sori bo’ldum sanga moyil, Ey toji sarim, xohi inon, xohi inonma. La’ling g’amidin ko’nglum erur g’uncha kibi qon, Gulbargi tarim, xohi inon, xohi inonma. Zahri g’ami hajring meni o’ldurg’ali yetti, Ey labshakarim, xohi inon, xohi inonma. Mashrab, bo’lubon ko’yinga chun barqi tajalli, Qolmay asarim, xohi inon, xohi inonma. Xudo bersun panoh Nafsi sarkash muddaosidin xudo bersun panoh, Bul zamona muttakosidin xudo bersun panoh. Hirqayi bechora kiymoqlikmu rohi bandalik, So’fini dalqi riyosidin xudo bersun panoh. Jomayi malla kiyib, qilg’on ishi hiylavu makr, Shayx noqis xonaqosidin xudo bersun panoh. O’zlari komilsifat, har luqmasi haqqi sag’ir, Yurtni ul sohib duosidin xudo bersun panoh. Lof urar "Abdoli vaqt-man!” deb, so’zida ma’ni yo’q, Bul zamona rahnamosidin xudo bersun panoh. Mard lashkar yo’sinida qo’liga tasbeh olib, Shayxni rangin asosidin xudo bersun panoh. Muttaqiylik da’vi aylab, o’zlarini pir tutub, Oxiri vaqt porsosidin xudo bersun panoh. Bul qalandar jandasining torida zunnori yo’q, Boshiga kiygan kulosidin xudo bersun panoh. Mashrabi sho’ridani qilg’an duosin qil qabul. Ul saharxezni duosidin xudo bersun panoh. Xudodin oʻzgasi barcha gʻalatdur Bu tani xokiniyu ruhi ravonni na qilay?! Boʻlmasa qoshimda jonona, bu jonni na qilay?! Yorsiz ham bodasiz Makkaga bormoq ne kerak? Ibrohimdin qolgʻan ul eski doʻkonni na qilay?! Urayinmu boshima sakkiz bihishti doʻzaxin, Boʻlmasa vasli menga, ikki jahonni na qilay?! Arshning kungurasin ustiga qoʻydum oyogʻim, Lomakondin joy olibman, bu makonni na qilay?! Zarraye nuri quyoshdek bu jahon ichra tamom Oshkoro boʻlmasa, sirri nihonni na qilay?! Bir xudodin oʻzgasi barcha gʻalatdur, Mashrabo, Gul agar boʻlsa qoʻlumda, ul tikonni na qilay?! Yana g’urbatzada, kettim Dunyo sorig’a bir kelibon, g’amzada kettim, Bir lahza dam olmay turubon, lahzada kettim. Bir mushfiqi hamroz jahon ichra topolmay, Hasrat o’tidin kuydimu motamzada kettim. Surtmay bu qaro yuzni borib ravzalarig’a, Armonda yurub lek buzug’ kulbada kettim. Har jon kelaru ketgusidur, bilsam oni ham, Ketmascha yurubon yana g’urbatzada, kettim. Horis bo’lubon dunyoda yurdi necha gumroh, Uryon kelibon munda, yana arbada kettim. G’ofil kishilar kechayu kunduz tilagay mol, Dunyo ila dinni sotibon g’amzada kettim. To yorni xayol ayladi Mashrab, ko’zni ochti, Yuz dardu alam birlaki, mehnatzada kettim. Yaxshi xalqlarni birodar tut Tarozuyi amalni qo’lga ol, so’ngra barobar tut, Xatarlik yo’ldasan, to justijo’ qil, yaxshi rahbar tut. Imoning sham’ini ravshangaridur hamdami qobil, Qo’lingdin kelsa, doim yaxshi xalqlarni birodar tut. Maqomi qurbat o’tig’a agar kirsang – huzur topsang, O’zung zahroba yutgil, xalqni komig’a shakkar tut. Bag’ir qoni, ko’zung yoshi, qadi ham birla oh tortgil, Shafoat vaqti bo’ldi, anda domoni payambar tut. Boshing gardunga yetsa, bo’lmagil zinhor xursande, O’zungni har xasu xoshokdin, ey banda, kamtar tut. Balo ko’rgan kishilar majlisini orzu qilg’il Ki, har shum lodani ko’rsang, o’zungni munda behtar tut. Taraddud aylagil, zangi diling shoyadki sof o’lg’ay, Hidoyat ko’chasining rindi bo’l, domain mahshar tut. Ulug’man deb, takabbur pesha qilma mushtiparlarga, Sarafrozi topay desang, davomat qiydani tat tut. Havas bozorini dur aylagil zinhor boshingdin, Qo’lungni ikki dunyodin uzub, dilni qalandar tut. Bahoyimdek yemak-ichmakni sargardoni ko’p bo’lma, Kafan bichgil o’zungga, dilda o’lmog’ni muqarrar tut. Adam sahrosidin dunyoga kelding banda bo’lsam deb, Kamar bog’lab belingga, zikri tasbehi eranlar tut. Bu zindonxonadin o’ttung, ko’rundi jannatul a’lo, Baland et himmatingni munda kelding, misli Haydar tut. O’zini bilmagan bedardlarga ochmagil daftar, Xalildek o’tni gulzor aylagil, xo’yi samandar tut. Bu yerda yori bersa lutfi haqdin garchi iqboling, Adolat mulkining sarrishtasini misli Umar tut. Bu foniy dunyodin, Mashrab, yetishsang boqi uqbog’a, Sirotal mustaqimdin o’tting, so’ngra rohi digar tut. Yorga yetar kun bormu, yoronlar Hamdu sanolar aytay xudoga, Yorga yetar kun bormu, yoronlar? Yetgaymu dodim nozuk adoga, Yorga yetar kun bormu, yoronlar? Shum toleimdan ko’rdum jafoni, Zolim raqiblar ko’rdi vafoni, Holim so’r emdi, bergil davoni Yorga yetar kun bormu, yoronlar? Bulbuldayinkim faryod etarman, Ishq daftarini bunyod etarman, Ko’nglumni bir dam men shod etarman, Yorga yetar kun bormu, yoronlar? Qachon visoling bo’lg’ay muyassar, Ishqingda kezdim ham bahru ham bar, Dardu alamga to’ldi ko’ngullar, Yorga yetar kun bormu, yoronlar? G’am bahri qildi mavjini bunyod, Ishqingda qildim ming ohu faryod, O’tti nigorim chun sarvi ozod, Yorga yetar kun bormu, yoronlar? Hajr ahli keldi, tutti yoqamdin, Bag’rim tilindi paykoni g’amdin, Faryod etarman ushbu alamdin, Yorga yetar kun bormu, yoronlar? Sham’i firoqing ko’ksimda yondi, Ko’z yoshim oqib bag’rimga tomdi, G’aflatda qolgan Mashrab uyondi Yorga yetar kun bormu, yoronlar? Yuz ming balo ko’rsam Suzuk ko’zlu, sarig’ sadbarg yuzungni, dilrabo, ko’rsam, Yuzungdin yuz o’gurmasman, agar yuz ming balo ko’rsam. Mani oshiq, sani ma’shuq ki derlar ushbu olamda, Nasib o’lmish manga davlat, firoqing o’tida kuysam. Chunonam ko’ngli qattiqsan, biram holimni so’rmassan, Jamolingga to’yolmasman boshingdin yuz ming o’rgulsam. Nechuk bedodlig’ ish bo’ldiki, man sandin judo bo’ldum? Jafolarniki man tortib, na mushkuldur qarab qolsam. Sadafsiz dur, tikansiz gul, mashaqqatsiz hunar yo’qdur, Toparmanmu visolingni jahonni istabon yursam? Labing — la’lu xating — Xizru yuzung — monandi Yusufdur, Zulayhodek kuyub-yonib bu ishq ichra ado bo’lsam. O’shal Majnuni shaydodek biyobonlar aro man ham, Ko’yungda dam-badam yonib, qani Laylo deb oh ursam. Kel, ey Mashrab, ko’zung yo’llarda qoldi termulub, naylay, Qani ul xoki poying, ko’zlarimga to’tiyo qilsam. Yuzi mohi tobon qiz Kokulung anbar durur, jon ichida jonon qiz, Ko’zlaring axtar durur, yuzi mohi tobon qiz. Lablaring erur la’ldek, yuzlaring qizil guldek, Barcha sengakim quldek, xizmatingga qurbon, qiz. Tar orazing gul, soching sunbulki,tishlaring dur, Sarv qadlig’, qosh ko’rung oftobi davron qiz. Bir ko’rib seni, zolim, qolmadi mening holim, Tang bo’lubdur ahvolim, bilmadingmu, nodon qiz? Oy yuzingni ko’rganda, lablaringni so’rganda, Mashrabing bo’lur banda, qilsang ani mehmon qiz. Zamonga sig’madim Onqadar nurga to’libman osmonga sig’madim, Toqi arshu kursiyu lavhu jinonga sig’madim. Kimga soyam tushsa, bir nuri yaqin bo’ldi u ham, Daftari ruhi qudsdurman, zabonga sig’madim. Jannatu kavsar manam, ham do’zaxu saqar manam, Bir o’zumdurman bu dam, haft osmonga sig’madim. Soyayi odamg’a keldim, nuri ma’ni izladim, Jannatul firdavsdek oliy makonga sig’madim. Bor edim Nuh vaqtida, g’arq etmadi to’foni ham, Hamrahi Muso bo’lub Turi Sinong’a sig’madim. Ellik yil Iso bilan yurdum o’lukni tirguzub, Boisi bir nuqtadin Mashrab zamonga sig’madim. Zulfi siyohsini ko’rung Ofati jonim ul sanam qoshi qarosini ko’rung, Ikki yuziga chulg’anib zulfi siyohsini ko’rung. Huru paridin tozadur, shamsu qamar hijildadur, Kim ani ko’rsa bandadur, husni ziyosini ko’rung. Goh yorim qizil kiyib, qirmizi sochbog’in solib, Nozu karashmalar qilib, ahdi vafosini ko’rung. Goh qoshini chu yo etib, kifrik o’qi birlan otib, Jodu ko’zini o’ynatib, makru balosini ko’rung. Mashrabi benavodu(r)man, vasli uchun gadodu(r)man, Hajr o’tig’a kuyodu(r)man, yor jafosini ko’rung. — Source: https://wikisource.org (works of Boborahim Mashrab). Downloaded from uzbekai.com.