Ul pari paykarki majnunman ani savdosidin... Fazliy Ul pari paykarki majnunman ani savdosidin, Bir boqib holimni so‘rmas, o‘ldum istig‘nosidin, Har necha mahkam edi sabrim binosida asos, Qolmadi obod hijron xaylini yag‘mosidin. Qoshlari yoyiga qurbon erdi ko‘nglum nogahon, G‘amza paykoni qadaldi nargisi shahlosidin. Yor azmi gulshan etdi bordi keynidan raqib, Umr borgandek shitob aylab o‘lum orqosidin, Xo‘blar mehrini tark et, dema, ey nosih, manga, Telba o‘lg‘aymu parilar ishqini da’vosidin. Dahr bog‘i bevafodur, ne uchun, ey andalib, Ko‘ngul uzmassen bu gulshanning guli ra’nosidin. Shayx zuhdidin malul erdim xusho, piri mug‘on, May bila qutqordi ul iblisni vasvosidin. — Source: https://wikisource.org/wiki/Ul_pari_paykarki_majnunman_ani_savdosidin.... Downloaded from uzbekai.com.