Xasta ko’nglumni, begim, nortek yangoqing o’rtadi... Gadoiy Xasta ko’nglumni, begim, nortek yangoqing o’rtadi, Qolg’anin bir yili ul jodu qaroqing o’rtadi. Zulfu xolingdin shikoyat qilmon, ey jonu jahon — Kim, mening jonimni ul siymin saqoqing o’rtadi. Yuragim qon bo’ldiyu hech topmadim jon maqsadi, So’z bila oxir meni shirin dudog’ing o’rtadi. Kimga aytay dardu holimni, ne tadbir aylayin — Kim, meni boshtin-ayoq zolim firoqing o’rtadi. Ohu vovayloki, bu miskin Gadoni oqibat Hasratu g’am birla dardi ishtiyoqing o’rtadi. — Source: https://wikisource.org/wiki/Xasta_ko%E2%80%99nglumni%2C_begim%2C_nortek_yangoqing_o%E2%80%99rtadi.... Downloaded from uzbekai.com.