Yo rab, meni ul sarvi xiromondin ayirma... Gadoiy Yo rab, meni ul sarvi xiromondin ayirma, Ul ko’zlari nargis, guli xandondin ayirma. Bu baxti parishong’a, ayo kavkabi tole’, Rahm ayla, dog’i ul (guli) xandondin ayirma. Ey charxi sitamgar, meni sargashtani, zinhor Rahm ayla, dag’i ul mahi tobondin ayirma. Bu bandag’a har javru jafoyiki qilursen, Qilg’in, vale ul xisravi xo’bondin ayirma. Gar xasta Gado qonina nohaq kirar o’lsang, Jonindin ayirg’il, vale jonondin ayirma. — Source: https://wikisource.org/wiki/Yo_rab%2C_meni_ul_sarvi_xiromondin_ayirma.... Downloaded from uzbekai.com.