Tarahhum aylamaz holimg‘a ul sho‘xi parizodim... G‘oziy Tarahhum aylamaz holimg‘a ul sho‘xi parizodim, Necha qulmen desam hargiz inonmaz sarvi ozodim. Menga xursandlig‘ mumkin emasdur aylamish go‘yo Qazo me’mori g‘am tufrog‘idin ta’miri bunyodim. Qiyo boqmay tutub ag‘yor ilkin sarvi noz o‘tti Tag‘oful mashrabim, zolim tabiat, qaddi shamshodim. Ajabdurkim aning berahm ko‘nglig‘a asar qilmaz, Falak minolarini ayladi simob faryodim. Manga, ey do‘stlar, taklifi sayri gulsiton etmang, Ochilmaz sayri gulzori eramda tab’i noshodim. Chekib tig‘i jafo el qonin ichmakdur ishi doim, Xudobezor, kofirkeshi shahroshubi jallodim. Ko‘ngul mulkini xayli noz ilan yag‘mo qilur hardam Qiyomat bexabar devona dushman do‘st bedodim. Qaroliq birla o‘tti ro‘zgorim zulfidin doim, Munavvar bo‘lmadi sham’i ruxidin zulmatobodim. Meni, ey G‘oziy, bu noqis shayxlarga yo‘qtur ixlosim. Muhabbat murshidim., dardu alamdur xatti irshodim. — Source: https://wikisource.org/wiki/Tarahhum_aylamaz_holimg%E2%80%98a_ul_sho%E2%80%98xi_parizodim.... Downloaded from uzbekai.com.