Hamid Olimjon Hamid Olimjon Bo'lsam Na bo'lg'ay bir nafas men ham yonog'ing uzra xol bo'lsam, Labing yaprog'idan tomganki go'yo qatra bol bo'lsam. Butog'ingga qo'nib bulbul kabi xonish qilib tunlar, O'pib g'unchangni ochmoqliqqa tong chog'i shamol bo'lsam. Bo'yingni tarqatib olamni qilsam mastu mustag'riq, O'zimning san'atimga so'ng o'zim hayratda lol bo'lsam. Sening birla qolib bu mastu lol olamda men yolg'iz, O'zimni ham topolmay, mayliga, oxir xayol bo'lsam. Agar bog'ingda gul bo'lmoq mening-chun noravo bo'lsa - Ki, ming bor roziman qasringga hattokim duvol bo'lsam. Boshim hech chiqmasa mayli malomat birla bo'htondin, Raqiblar rashkiga ko'krak keray, mayli, qamol bo'lsam. Kezib sahroyu vodiylar yetishsam bir visolingga, Fido jonimni qildim yo'lingga, mayli, uvol bo'lsam. Eng gullagan yoshlik chog'imda Eng gullagan yoshlik chog'imda, Sen ochilding ko'ngil bog'imda. Shunda ko'rdi ko'zim bahorni, Shunda qalbim tanidi yorni. Qushlar sayrar jonimga payvast, Men sevgining bo'yi bilan mast. Kuni bilan dalada qoldim, Lolazorlar ichra yo'qoldim. Quchoq-quchoq gullar terganim Va keltirib senga berganim Kechagiday hamon esimda, Har soniya, har on esimda. Shundan beri tilimda oting, Shundan beri dilimda oting. Eng gullagan yoshlik chog'imda, Sen ochilding ko'ngil bog'imda. Har yurakning bir bahori bor Muhabbat-ul u'zi eski narsa, Lekin har bir yurak Oni yong'orta... Hodi Toqtosh Har yurakning bir bahori bor, Har bir qalbga ishq bo'lar mehmon. Har yurakda gullar muhabbat, Bo'ston etar uni begumon. Lekin Layli boshiga kelgan Qora kunlar bizga yot bugun; Bizga yotdir shirin baxtini Poymol etgan u qop-qora tun. Holbuki, tun... Shag'irlaydi betinim daryo, Shag'irlaydi vahm to'lgan jar, Shag'irlaydi qorong'i dunyo, Shag'irlaydi vodiy, daralar. Shag'irlaydi... Bermaydi uyqu, Xayollarim bo'lar parishon, Bir izlanish boshlanar menda Tushunchamga yana kirar jon. Holbuki, tun - bunda odatda, Butun borliq uxlarday sokin, Butun yer osmonga o'ranib Olar kebi kunduzidai tin... Soyga tushdim, ko'kda chiqdi oy, Nur yog'ildi oq bulutlarga. Nurga to'ldi dara, to'ldi soy, Nur yog'ildi qorong'i jarga. Kezar edim, meni tinmayin Ta'qib etar bir uzun soya, Bilmadimkim, bormidir ishi, Yo istarmi aytmoq hikoya. Ko'zlarimda yonar uchqunlar, Zilol suvga oy edi sirdosh, Yaltirardi, doim tovlanar, Oy nuriga cho'miluvchi tosh. Ko'zni tikdim, parquv bulutlar, Ko'char edi zilol va toza. Lochin kabi samolyot uchar, Uchar edi solib ovoza. Tikilgandi ko'zim qog'ozga, Qo'llarimda yugurar qalam. Qurshamishdi uni hayajon, Bir intilish, bir orzu bu dam. Shag'irlardi osmon va havo. Shag'irlardi butun koinot, Shag'irlardi betinim daryo, Shag'irlardi daryoda hayot... Janub kechasida Sen bo'lmasang, shu och to'lqinlar Ko'rinmasdi sira ko'zimga, Sen bo'lmasang o'zimning ko'nglim Kirmas edi aytgan so'zimga. Sen bo'lmasang, etmasdi xursand Suv ustida suzib yurgan oy. Hamisha sho'x, doimo baland, Yulduzdagi jon yoqar chiroy. Qarashlaring tinchimni olib, Chertib ketdi qalbim torini, Shundan keyin sezdim yurakda Shuncha kuchli o'tning borini. Aytib ber-chi, shuncha sevganlar Bo'lganmikin mencha baxtiyore Aytib ber-chi, qaysi qiz burun Sevib bo'lgan umid bilan yor — Source: https://wikisource.org (works of Hamid Olimjon). Downloaded from uzbekai.com.