Necha kundurkim menga ul sho‘x jonon iidamas... Hayrat To‘raqo‘rg‘oniy Necha kundurkim menga ul sho‘x jonon iidamas, Har necha qilsam g‘ami hajrida afg‘on, indamas. Ul parivash yor hajrida davomat ko‘zlarim, Dard birla har nechakim yig‘lasun qon, indamas. Jonu dil birla muhabbat ayladim ammo na sud, Bilsa ham ishqida ahvolimni chandon, indamas. Yo‘qlamas garchand bemorini dardi hajridin, Qoldi na jonimda rohat, tanda darmon, indamas. Ul parivash ishqida o‘lmakdin o‘zga chora yo‘q, Endilikda har kuni bersamki yuz jon, indamas. Bo‘ldi Farhod ila Majnun qissasi afsonadek, Chunki yor oldimda, ammo dil parishon, indamas. Naylayinkim g‘ayrilar birla mening rag‘mim uchun Ro‘baro‘da o‘lturib, ul yori nodon, indamas. Va’dai vasliga men nodon inonib shod edim, Qayda qoldi ul vafoyi ahdu paymon, indamas. G‘unchai tab’im nasimi mujdadin ochilmagay, To ketib kulbamga ul sho‘xi suxandon, indamas. Rost deb bo‘lmas ishonib bevafolar ahdiga, Bo‘lsa hamkim va’dasi ko‘rganda yolg‘on indamas. Tut umid ilki bila domoni matlab oxiri, Hayratiy devona senga, yo‘qtur- imkon indamas. — Source: https://wikisource.org/wiki/Necha_kundurkim_menga_ul_sho%E2%80%98x_jonon_iidamas.... Downloaded from uzbekai.com.