Ay qalam Hoji Muin Ay qalam, haq yo‘lida bo‘l to‘g‘ri, Egrilik aylama, bo‘lma o‘g‘ri. Ay qalam, to‘g‘rini egri yozma, Aldanib oqchag‘a yo‘ldan ozma. To‘g‘ri yur, to‘g‘ri gapir, to‘g‘ri yoz, Egrilik qilg‘uvchining qabrin qaz. To‘g‘rilikni o‘zingga maslak tut, To‘g‘ri kelganda bu yo‘lda qon yut. Seni der bunda birov «teskarichi», Birisi der: «Bu kishi millatchi». Biri der «dinchi», biri «ruhiyachi», Biri «nodon», biri «sapsatachi». Kim na der, deyabersin so‘zini, So‘zila ko‘rsatsin yuzini. Iltifot etma alarga, yoza ber, Sen haqiqat chechagin doim ter. Ay qalam, haqni yozarda o‘lg‘il, Maslaking yo‘lida qurbon bo‘lg‘il. Bu zamonda kim erur haqqoniy, Shubhasiz to‘kilur oning qoni. — Source: https://wikisource.org/wiki/Ay_qalam. Downloaded from uzbekai.com.