Pora ber Hoji Muin Ish bitkazib ketay desang, pora ber! Murodingga yetay desang, pora ber! O‘zim oqman, qoralarni oqlayman, Meni rozi etay desang, pora ber! Pulsiz g‘avg‘o aslo o‘rin tutmaydir, Yog‘liq janjal sira navbat kutmaydir, Bo‘sh da’volar bu dunyoda butmaydur, Maysiz kabob tomog‘imdan o‘tmaydur. O‘g‘riliq qil, odam o‘ldur, pora ber! Elni yig‘lat, meni kuldir, pora ber! Pulsiz bo‘lsang, hech kim senga boqmaydir, Dushmaningni chayon kabi chaqmaydir, «Mulla jiring» hamyoningga oqmaydir, Quruq so‘zlar qulog‘ingga yoqmaydir, Ko‘b gapirma, cho‘ntakni och, pora ber! Olamni buz, kel oqcha soch, pora ber! Oqcha bo‘lsa, pora changalda sho‘rbo, Oqcha bilan kuchsiz bo‘lg‘on tavono, Pullik nodon ko‘zga ko‘ringay dono, Puli borning tili bo‘lg‘usi go‘yo, Kechqurun kel, yeng ichidan pora ber! Yoki kunduz paket bilan pora ber! Qishloklarda maxfiy ishlab pora ber! Eshonlardek murid ovlab, pora ber! Bo‘ri bo‘lib elni talab, pora ber! Katta to‘y qil, juvon asrab pora ber! — Source: https://wikisource.org/wiki/Pora_ber. Downloaded from uzbekai.com.