Bir pari ruxsoraga tushdi ishim... Humoyun Bir pari ruxsoraga tushdi ishim, Ul sabab ko‘nglimda bordir otashim. Chehrasi xonamni ravshan ayladi, Partavi birlan yoritdi mahvashim. Talpinur ko‘nglim hamisha ul tomon, Tortadir ko‘nglimni zebo, dilkashim. Menga bo‘lgaymu muyassar ey pari, Kokiling bo‘ynimga bir dam chirmashim. Ishqdin mastdir Humoyun, ko‘p qiyin, Ey sanamlar, o‘zni hushyor aylashim. — Source: https://wikisource.org/wiki/Bir_pari_ruxsoraga_tushdi_ishim.... Downloaded from uzbekai.com.