Jahon otin Uvaysiy Jahon otin Uvaysiy Anor Ul na gumbazdur, eshig-u tuynugidin yo‘q nishon, Necha gulgunpo‘sh qizlar manzil aylabdur, makon? Sindirib gumbazni, qizlar holidin olsam xabar, Yuzlariga parda tortig'liq turarlar bag‘ri qon! Ishqida Oh, gulruxsora jonon, xordurman ishqida, Dil aro qon, siynasi afgordurman ishqida. Kechalar kirdim chaman, vaqti sahar zor ayladim, Qumri-yu ham andalibi zordurman ishqida. Xotirim tay qilsa nogah nargisi ul masti xob, Kavkabi sayyoradek bedordurman ishqida. Mo‘rdek pomoldurmankim, salomat ahliga, Dard ahliga bu dam sardordurman ishqida. Aql-u, fahm-u, hush-u idrokim sazovor o‘ldikim, Mijmari bardosh ichinda nordurman ishqida. Istasam marham ajab ermaski, sendin, ey tabib, Dardsizlar zaxmidin bemordurman ishqida. Soqiyo, bergil alimga sog‘arekim, xosdin, Sog‘inib ul sof may, xummordurman ishqida. Gul yuzi o‘xsharmu ul gul yuziga, ey bog‘bon, Och daring, ko‘rmakligim dushvordurman ishqida. Xotirim zulfiga band-u ixtiyorim husniga, Din ila payvast ul zunnordurman ishqida. Qilma, ey zohid, ko‘rub, ahvolima sen sarzanish, Noz-u istig‘noli, so‘z bardordurman ishqida. Gar kishi bo‘lsa xaridori Uvaysiy ichra bor Ul matoyi ramzg‘a bozordurman ishqida. Ko'ngul dog' o'ldi, dog' o'ldi Zamona kufatidin bu ko'ngul dog' o'ldi, dog' o'ldi, Bu charxi bemuruvvatdin ko'ngul dog' o'ldi, dog' o'ldi. Jarohat bo'ldi bag'rim tig'i bedodi raqiblardin, Bu ko'tohfahm mardumdin ko'ngul dog' o'ldi, dog' o'ldi. Bu gulzori fano ichra mahali bexalal yo'qtur, Hamesha zaxmi xorodin ko'ngul dog' o'ldi, dog' o'ldi. Fano mardumlarini sirridin hech kimsa yo'q ogah, Qabihguftor mardumdin ko'ngul dog' o'ldi, dog' o'ldi. Ko'ngul qoni farog'i duydadin bir lahza band o'lmas, Vujudim iztirib aylab ko'ngul dog' o'ldi, dog' o'ldi. Turubdur bag'rim ichra qon misoli g'uncha, naylarman, Ochilmay gulsifat ushbu ko'ngul dog' o'ldi, dog' o'ldi. So'zimdin xotiring uzra gumone o'zga yetkurma Ki, izhor aylamay naylay, ko'ngul dog' o'ldi, dog' o'ldi. Meni rasvoyi olamdin mabodo e'tiroz etma, Takallum birla shod ayla, ko'ngul dog' o'ldi, dog' o'ldi. Ko'ngulni otashin bejo qilibdur nutqi guftori, Qayu bog' andalibidin ko'ngul dog' o'ldi, dog' o'ldi. Bu so'zni ayladi barpo ajab gustohliq birla, Maloli xotir o'lg'aymy, ko'ngul dog' o'ldi, dog' o'ldi. Ajab ash'ori mavzun bog'ladi Vaysiy hasaddinkim, Umarxon zufununekim, ko'ngul dog' o'ldi, dog' o'ldi. Kun va tun Ikki mahbubni ko‘rdum, bir-birisin ko‘rmagan, Ikkisining o‘rtasiga, do‘stlar, qil sig‘magan. Qil amon, yo rab... Qil amon, yo rab, aduvlar mojarosidin meni, Saqlag‘il osiy bu mardumning izosidin meni, Ser ayla lutfi sultonlar atosidin meni, Qil judo bul baxt-u tolelar qarosidin meni, Qutqar, ey xonim, Hasan boqqol balosidin meni, Qilg‘on ul behuda ham jabr-u jafosidin meni. Koshg‘ar yurti buzuldi keldi, berdim xonumon. Bosh suqarg‘a joy topolmay yurgan erkan bamakon, Yaxshilik qildim, uyimga, etmadim dod-u fig‘on, Chiqmayin joyi imomdin, ayladi bag‘rimni qon. Qutqar, ey xonim, Hasan boqqol balosidin meni, Qilg‘on ul behuda ham jabr-u jafosidin meni. Ul mudarris sotti deb, soldi bu ko‘nglumga g‘ubor, Oxiri bo‘ldi alar kori qoshingda oshkor, Rahm etib, arzimga yetting sen, deding: «Ey Tunqator, Yo‘q zamonimda mening zo‘rliq!» deding, ey shahriyor, Qutqar, ey xonim, Hasan boqqol balosidin meni, Qilg‘on ul behuda ham jabr-u jafosidin meni. Qozilar oldida berdim o‘n iki tillosini, Yona besh tilloni berdim, men pulni foydosini, Rozi qildi qozilar, man ayladi, ig‘vosini, Yona chiqmas joyidin, yalg‘on qilur da’vosini, Qutqar ey xonim, Hasan boqqol balosidin meni, Qilg‘on ul behuda ham jabr-u jafosidan meni... Sog‘indim Bu kun, ey do‘stlar, farzandi jononimni sog‘indim, Gado bo‘lsam ne ayb, ul shohi davronimni sog‘indim. Musofirman, g‘aribman, bekas-u ham benavodurman, Vujudim dardg‘a to‘ldi, emdi darmonimni sog‘indim. Tilimning zikri-yu, ko‘nglimning fikri, yaxshi farzandim, Azizim, yolg‘izim, davlatli sultonimni sog‘indim. Kecha-kunduz yo‘lig‘a muntazirdurman, tikarman ko‘z, Kelib holim so‘ribon ketsa, mehmonimni sog‘indim. Nasibin uzmadi tangri, ilojin topmag‘ay kelsa, Onam deb bo‘lg‘usi bag‘ri qizil qonimni sog‘indim. Qorong‘u bo‘ldi olam ko‘zima ushbu judolikdin, Ko‘z-u ko‘nglum ziyosi mohi tobonimni sog‘indim. Mani bekas Uvaysiy, yig‘lagayman ro‘z-shab tinmay, Uyimning ziynati, ko‘z ravshani, xonimni sog‘indim. Uvaysiyman Mehnat-u alamlarga mubtalo Uvaysiyman, Qayda dard eli bo‘lsa, oshno Uvaysiyman. Istadim bu olamni, topmadim vafo ahlin, Barchadin yumub ko‘zni muddao Uvaysiyman, Uz diling taalluqdin, band qil xudo sori, To degil kecha-kunduz: «Mosivo Uvaysiyman!» Kechalar fig‘onimdin tinmadi kavokiblar, Arz to samo uzra mojaro Uvaysiyman. To ko‘rib xarobotin ta’na etma, ey zohid, Bir nafas emas xoli iqtido Uvaysiyman. Faqr borgohiga qo‘ysa gar qadam har kim, Bosh agar kerak bo‘lsa, jon fido Uvaysiyman. Vaysiy beriyozat deb sahl tutma, ey orif, Ishq aro nihon dardi bedavo Uvaysiyman. Yong'oq Ul nadurkim, sabzto‘nlik, yoz yog‘ochning boshida, Qish yalang‘och aylagay barcha xaloyiq qoshida. Barcha qushlarning so‘ngoki ichida, Ul na qushdurkim, so‘ngoki toshida. — Source: https://wikisource.org (works of Jahon otin Uvaysiy). Downloaded from uzbekai.com.