Sensizin, ey dilrabo, jannatda gʻilmon boʻlmasun... Komil Xorazmiy Sensizin, ey dilrabo, jannatda gʻilmon boʻlmasun, Demayin gʻilmonki, bal jismim aro jon boʻlmasun. Boʻlmasa vasling muyassar, ey paripaykar, mango, Toʻbiyu kavsar bila firdavsi rizvon boʻlmasun. La’l jonbaxshing firoqida mango, ey guluzor, Gulshani jannat ichida obi hayvon boʻlmasun. Bu jahon gulruxlari boʻlsun sango farmonpazir, Husn iqlimida sandin oʻzga sulton boʻlmasun. Doʻstlar, doim demang nechun parishonhol san, Hech kishining dilbari kokulparishon boʻlmasun. Ishq elin qatl etkali chiqmish dedilar bir pari, Bir xabar oling bizing oshubi davron boʻlmasun. Komiloso bodai vasl ila labtar boʻlmayin, Hech kimsa mubtaloi jomi hijron boʻlmasun. — Source: https://wikisource.org/wiki/Sensizin%2C_ey_dilrabo%2C_jannatda_g%CA%BBilmon_bo%CA%BBlmasun.... Downloaded from uzbekai.com.