Uyqu chog‘i tunda chiqdi mohi tobon o‘zgacha... Majzub Uyqu chog‘i tunda chiqdi mohi tobon o‘zgacha, Kun muzayyan bo‘ldi yer sahni guliston o‘zgacha. Ishqi sho‘r angez yomg‘ir to‘kdi dard aflokdin Mubtalolar nolasi bo‘ldi namakdon o‘zgacha. Oftobi ma’rifatni sen quyoshga tenglama Ko‘rki, osori tutun oy bahri Kan’on o‘zgacha. Sarv buklandi, sihi sindi sanubar hamlada Chun malohat nahli qad ingach namoyon o‘zgacha. Yor vaslini tilab hayron, hazin, zor elni ko‘r Sut tilab yig‘lar kichiklar sa’yi mardon o‘zgacha. Bevatan sarsonlig‘i ham xastalarni nolishi G‘am yetim go‘dakdadur, shomi g‘aribon o‘zgacha. Yorga yetmoq hazin ushshoq dog‘i jon aro Lek zavqi muddaoyi ahli davron o‘zgacha. Yor vasliga yetishgan ranjlikka bor shifo Bedavo darddur yetishmay yo‘lda qolg‘on o‘zgacha. Bu shariat ichra garchi ajralik ish to‘la bor Lekin bir ko‘ngli buzuqni ko‘nglin olg‘on o‘zgacha. Jon berib jononga yetmoq dema har kimning ishi Tuxm savdo tarbiyat qilg‘uvchi dehqon o‘zgacha. Har kishi o‘z suyganicha ko‘nglida suygoni bor Matlabi chug‘z o‘zgacha ra’yi andalibon o‘zgacha. Yor kelmakchi edi, yo‘l bermadi unga raqib Dilrabolar yo‘lini to‘sguchi shayton o‘zgacha. Der junun ahliga pand ahli pariga berma dil Naylasun duch kelsa bir kokil parishon o‘zgacha. Ko‘p gunoh etguchi ko‘rdim orqasidin tavbasi Rahmating seli digargun, manda isyon o‘zgacha. Har viloyat shoiri bir tarz she’r insho etar She’ri nomarbut Majzubi Namangon o‘zgacha. — Source: https://wikisource.org/wiki/Uyqu_chog%E2%80%98i_tunda_chiqdi_mohi_tobon_o%E2%80%98zgacha.... Downloaded from uzbekai.com.