Meni xastani muncha dog‘ ettilar... Maxmur Koriziy Meni xastani muncha dog‘ ettilar, Vujudimni yong‘on charor ettilar. Firoq emgakidin etib ko‘p zabun, Ko‘zim yoshin ikki bulog‘ ettilar. Ko‘ngulga solib ishq o‘tin dam-badam, Muhabbat o‘tiga o‘chog‘ ettilar. Junun dashtida mardi badmast etib, Gahi telbavash, gah sog‘ ettilar. Nechun chekmayin dilrabolar g‘amin, Raqiblar bilan sayri bog‘ ettilar. Chunon sayd etib jon qushini birov Tanim quvvati zog‘u qalog‘ ettilar. Etib jilva sog‘archi ham jomi may, Giriftori oltun ayoq ettilar. Chunon o‘rtab andoqqi ishqing o‘ti, Kulimdin nishon yo‘q so‘rog‘ ettilar. Malomat o‘qig‘a nishon aylabon, Sitam xanjariga sadog‘ ettilar. Mani teshai dasti Ko‘hkandek etib, Firoq ichra joyimni tog‘ ettilar. Necha Laylivash dilrabolar kelib, Junun xaylidin deb sanog‘ ettilar. Sen, ey soqiy, bir lutfe ko‘rguzmasang, Bu Maxmurni hajr ichra dog‘ ettilar. — Source: https://wikisource.org/wiki/Meni_xastani_muncha_dog%E2%80%98_ettilar.... Downloaded from uzbekai.com.