Falakning jabridindur ko‘nglima ozor har soat... Muazzamxon Falakning jabridindur ko‘nglima ozor har soat, Jarohatlik ko‘ngilga sanchilur ko‘p xor har soat. Jamoling orzusida qizil gul oldiga borsam, Tegar har xordin ko‘nglimga yuz ozor xar soat. Firoqingda bo‘libman telbaye, o‘zimni bilmayman, Chekarman nolayu faryod majnunvor har soat. Qayu maxluq qadam qo‘ysa mani baytulxazonimga, Qilurman oldida vaslingni ham takror har soat. Ko‘zimdin uyquni ixroj qildi nomi hijroning, Aning chun men damodam yig‘laram xunbor har soat. Falak soqisi sundi jomi g‘am, ichdim yiqildim man G‘amim tug‘yonidin qaynab chiqar zangor har soat. Tabiblar aydi: hijron dardini dorusi o‘lmakdur, Aning-chun men bo‘libman hajr ila bemor har soat. Falak mo‘min boshig‘a hech g‘ariblik solmasin aslo, G‘ariblikda Muazzam tortadur ozor har soat. — Source: https://wikisource.org/wiki/Falakning_jabridindur_ko%E2%80%98nglima_ozor_har_soat.... Downloaded from uzbekai.com.