Muhayyir Muhayyir Bir noma manga kelmadi ul qoshi qalamdin... Bir noma manga kelmadi ul qoshi qalamdin, Qaddim bukulub nol kabi bo‘ldi bu g‘amdin. Ul huri parizodg‘a holimni bayon et Ey bodi sabo, o‘tsang agar bog‘i eramdin. Xunxor ko‘zi qonmadimu elni qilib qatl, Kim qon to‘karu der yana bu saydi haramdin. Qon yutdi, alam chekdiyu g‘am bo‘ldi nasibi Darkimki vujud olamig‘a keldi adamdin. Desangki topay rohatu, ko‘rmay sitam eldin Tutmehru vafo rasmiyu chek elni sitamdin. Devona qazo qismatig‘a ulki rizodur, Shukr aylagayu so‘z demagay lou naamadin. Harchand gunah lavsidin oluda etakmen Ummid bukim toza o‘lam bahri karamdin. Ey soqi, dami boda Muhayyirg‘a karam qil O‘tkarmay aning vaqtini davringda bu damdin. Bog‘u bo‘stonda agar sarvu agar shamshod erur... Bog‘u bo‘stonda agar sarvu agar shamshod erur, Sanga qullug‘din qachon, ey nozanin, ozod erur. Sen kabi laylivashu shirin nasabni ishqida Zor ko‘nglum bir ajab Majnun hasab, Farhod erur. Men kabi bir gul asiri bo‘lmasang, ey andalib, Bu chamanda ne uchun tun-kun ishing faryod erur. Eyki she’r etting havas, beilm bo‘lmasdur bu ish, Negakim har fanda sharti a’zam isti’dod erur. Gar badoye’ gullaridin rangu bo‘yi istasang, Qil tamoshokim, bu dam tab’im chaman ijod erur. Soqiyo, bir jom ila men xastani shod aylag‘il, Kim, base davron elidin xotirim noshod erur. Gar Muhayyirni so‘zi tutsa Ajam mulkin netong, Kim Navoiy nazm bobida anga ustod erur. Ey bulut, teva kabi muncha sochib qaf yog‘asen... Ey bulut, teva kabi muncha sochib qaf yog‘asen, Osmon sahnida haryon chekibon saf yog‘asen. Parcha-parcha yuborib bir-birini orqasidin Aylabon yerni biyik ustini saf-saf yog‘asen. Muz masal jola kabi yarqiratib, rahm etmay Havli, uyum tomig‘a deyki ne taf-taf yog‘asen. Goh shirg‘oq, gahi zohir etib lak-lak qor Paxtani zobutidek yer uza laf-laf yog‘asen. Chopqunu izg‘iriningdin qamatib uyg‘a meni, O‘t bila muncha dimog‘im qilib jaf yog‘asen. Ko‘runub ko‘zga xunuk, muncha bu to‘y o‘tguncha, Shildirab kechalari, kunduzi shaf-shaf yog‘asen. O‘tmayin to‘y, jadallab nega kelding, ayg‘il, Tiladimu seni bir xorisi ashraf yog‘asen. Qish o‘tub fasli bahor o‘lsa, bolub xurramu shod Sustayib tog‘ ila tuzga cholibon daf yog‘asen. Na balo bo‘ldi sengakim, bu Muhayyir boshig‘a Suv tukulgan kabi har lahza shalaflaf yog‘asen. Faqr shohimen, adam mulki musaxxardur manga... Faqr shohimen, adam mulki musaxxardur manga, Mehnatu anduhu kulfat xayli lashkardur manga. Masnadim gulxan kuli, kunji qanoat maxzanim, Bo‘ryo taxtu, buzuq vayrona kishvardur manga. Bu dili mahzun bila ilgimdagi sing‘on safol, Chiniyi Fag‘furu, ko‘zguyi Skandardur manga. Tang‘a jul kisvat, namad bo‘lsa kulohim or emaz, Kim alar rashki qabou toji qaysardur manga. Juz yomonlig‘ nomai a’molima sabt o‘lmadi, Hosili umrim sarosar qora daftardur manga. Kasratimni g‘arq qildi garchi to‘foni fano, Lek vahdat taxtasi kishtiyyu langardur manga. To sochi zanjirig‘a band o‘ldi bu shaydo ko‘ngul, Dambadam bosh uzra nur savdoyi mahshardur manga. Ahli davron, yaxshiliq ummid qilmang charxdin, Kim o‘shal javru jafo qilg‘on sitamgardur manga. Yor lutf aylab, behamdillah, Muhayyirni demish Oshiqi devona bo‘lgan ul qalandardur manga. Labingmu la’lmu, yoqutmu yo quti jondurmu... Labingmu la’lmu, yoqutmu yo quti jondurmu, Qiyomat jilva qaddingdurmu yo sarvi ravondurmu. Damodam jonima bedod egib jabru jafo qilmoq, Degil, ey nozanin, ishqim bilurg‘a imtihondurmu. Suxanras nuktadonlarni takallum birla lol etgan Bizi Layli nasablig‘ dilbari shirin zabondurmu. Butun yuz pora ko‘nglum g‘unchadek diltangdur-bilmon. Ki ul ra’no yuzidin g‘ayri bazmi gulsitondurmu. Meni, ey zohido, taklif qilma honaqah sori, Ki ul yer ushbu dam mayxonadek dorul-amondurmu. Vafo yo‘qturjahon ham ahlida, gar bo‘lsa vafo anda Vafosi birnecha kunlik emasmu, jovidondurmu. Ko‘ngul olmay so‘zim kom istading dunyo arusidin, O‘zing insof berkim, oni ayshi royigondurmu. Qarori yo‘q falak mehrini birdam uz umid, ammo Dema nomehribonmu manga yokim mehribondurmu. Ko‘rub devonini mazmunidin voqif o‘lan aytur, Muhayyir nazmidurmu yoki bahri begarondurmu. Manga qaydadur birdam sensiz, ey sanam, uyqu... Manga qaydadur birdam sensiz, ey sanam, uyqu, Ko‘runur firoqingda ko‘zuma adam uyqu. Tongla loyiqi diydor etsa haq tong ermasdur, Ushbu tunda gar bo‘lsa qaysi ko‘zda kam uyqu. Hajr tunlari chekkan kulfatim nechuk bilg‘ay, Ulki suygani birlan aylagay baham uyqu. Eyki bahra istarsen tur saharki, topmas fayz Kimni odati bo‘lsa vaqti subhidam uyqu. Ul kishiki har soat bir taoma mayl aylar Ne ajab agar tutsa oni dambadam uyqu. Garchi kechalar uymoq el tanig‘a rohatdur, Lek menga bo‘lmishdur sarbasar alam uyqu. Mutribo, chekib sozing, tuz navog‘a ovozing, Toki bir zamon ochg‘ay savti zeri bam uyqu. Hajr qasdi jon aylab, eltsa meni shoyad, Bir qadah mayi, soqiy, aylasang karam uyqu. Ko‘nglida vatan yodi o‘gguchi musofirdur. Kim tutar Muhayyirni yo‘lda lojaram uyqu. Nechakim rasmu shioring zulm ila bedod erur... Nechakim rasmu shioring zulm ila bedod erur Jumlasi, ey shah, bu qulg‘a lutfu, adlu, dod erur. Yuz o‘gurmam ishqing ichra yetsa sendin yuz alam Kim hazin jonim jafou javringga mu’tod erur. Men bila bulbulni teng tutma jahon bog‘idakim Manga doyim, anga bir oy nolau faryod erur. Voizo, panding bila borur yo‘lumdin yonmag‘um Kim mening ko‘nglumda ham mundek fusunlar yod erur. So‘z demoq shohi zamondin yo‘q adab, de shunchakim, Tavba qilmasdin muridi tolibi irshod erur. Ey xush ulkim, dayr piri ilgidin bir jomi may — No‘sh aylab, ikki olam qaydidin ozod erur. Gar Muhayyir nazmi bahri o‘tsa Omudin netong Anga bu yo‘lda Lutfiy ruhidin imdod erur. Qaysi bir gul yuz sunabar qadga desam bir qara... Qaysi bir gul yuz sunabar qadga desam bir qara, Ko‘z solish birla mani mahzunni aylar masxara. Emdi bildim shahr ichida e’tiborim yo‘q ekan, Manga lozimdur nishiman aylasam dashtu dara. Lola dog‘ini ko‘rib shoyad ko‘ngul topsa qaror, Bor ekan deb men kabi olamda ham bag‘ri qara. Yod etib dilbar ko‘zin oqsa yoshimdin chashmalar, Uchrasa har lolazor ichra agar ohu bara. Bu biyobonda fano bo‘lg‘on kishilar yoshidur, Chashma bo‘lsun yoki favvora va yoxud sharshara. Qoyil o‘lmasdur ajalni panjasiga, voqif ul, Gar sanga temur uyu fo‘lod bo‘lsun panjara. Ey Muhayyir, shuqr qil, el ta’nasidin g‘am yema, Kim bilurki tongla kim siyqaduru kim sara. Xalos o‘lmoq tilar bo‘lsang agar davron jafosidin... Xalos o‘lmoq tilar bo‘lsang agar davron jafosidin, Unut o‘zlukniyu, o‘t odamiliq muddaosidin. Qachonkim yor ko‘yida gadolig‘ dodini berdim, Umid uzdim jahon sultoniyu farmon ravosidin. Nigorikim, aning bir lahza javridin xalos ermam, Mahol ishdur manga ummid tutmog‘liq vafosidin. Salomat ahli, ayb etmang malomatdin g‘amim yo‘qsa, Ki qo‘ymaymen hazin jonimg‘a minnat el azosidin. Bilay desang agar vayronu dog‘ o‘lg‘on ko‘ngul holin, Kelib so‘rg‘il bu bo‘ston chug‘ziyu bag‘ri qarosidin. Bihamdillahki, undi mehr o‘ti, parvarish topdi, Ko‘ngul bog‘ida ohi ashkimi obu havosidin. Qarorg‘on ko‘zlarimga to‘tiyo qilmoq uchun keltur G‘ubori, ey menga ul nozanin ko‘yi fazosidin. Qulingmen, soqiyokim, bir qadah may birla qutqording, Meni lab tashna maxmuringni xudbinlik balosidin. Muhayyir tiyra baxtin ko‘rki rohat orzu qilsa, Etar ozor g‘amlik jonig‘a o‘z oshinosidin. Yordin nechuk uzay ummid — zor etgan bilan... Yordin nechuk uzay ummid — zor etgan bilan. Vasl ummidiga yillar intizor etgan bilan. Ey falak, orom olurmusan ul oyni ko‘yida, Bir necha oshiqni besabru qaror etgan bilan. Ey ko‘zum yoshi, yugurmoqdin dami ting‘aymuding, Sirri ishqim el ichinda oshkor etgan bilan. Xotiri pokingg‘a yetgaymu malolat, ey pari, Baytul-ahzonim sari gohi guzor etgan bilan. Monii vasl o‘lmag‘ay, ey sho‘x, davron bog‘ida, Sizni gul yanglig‘ qilib, haq bizni xor etgan bilan. Soqiyo, davringda g‘amginman, dilim topmas farah, Bir-iki joming bilan raf’i xumor etgan bilan. Bu Muhayyir dargahingda topsa, ey sho‘x, e’tibor, G‘am yemasdur dahr eli bee’tibor etgan bilan. — Source: https://wikisource.org (works of Muhayyir). Downloaded from uzbekai.com.