Ey bulut, teva kabi muncha sochib qaf yog‘asen... Muhayyir Ey bulut, teva kabi muncha sochib qaf yog‘asen, Osmon sahnida haryon chekibon saf yog‘asen. Parcha-parcha yuborib bir-birini orqasidin Aylabon yerni biyik ustini saf-saf yog‘asen. Muz masal jola kabi yarqiratib, rahm etmay Havli, uyum tomig‘a deyki ne taf-taf yog‘asen. Goh shirg‘oq, gahi zohir etib lak-lak qor Paxtani zobutidek yer uza laf-laf yog‘asen. Chopqunu izg‘iriningdin qamatib uyg‘a meni, O‘t bila muncha dimog‘im qilib jaf yog‘asen. Ko‘runub ko‘zga xunuk, muncha bu to‘y o‘tguncha, Shildirab kechalari, kunduzi shaf-shaf yog‘asen. O‘tmayin to‘y, jadallab nega kelding, ayg‘il, Tiladimu seni bir xorisi ashraf yog‘asen. Qish o‘tub fasli bahor o‘lsa, bolub xurramu shod Sustayib tog‘ ila tuzga cholibon daf yog‘asen. Na balo bo‘ldi sengakim, bu Muhayyir boshig‘a Suv tukulgan kabi har lahza shalaflaf yog‘asen. — Source: https://wikisource.org/wiki/Ey_bulut%2C_teva_kabi_muncha_sochib_qaf_yog%E2%80%98asen.... Downloaded from uzbekai.com.