Manga qaydadur birdam sensiz, ey sanam, uyqu... Muhayyir Manga qaydadur birdam sensiz, ey sanam, uyqu, Ko‘runur firoqingda ko‘zuma adam uyqu. Tongla loyiqi diydor etsa haq tong ermasdur, Ushbu tunda gar bo‘lsa qaysi ko‘zda kam uyqu. Hajr tunlari chekkan kulfatim nechuk bilg‘ay, Ulki suygani birlan aylagay baham uyqu. Eyki bahra istarsen tur saharki, topmas fayz Kimni odati bo‘lsa vaqti subhidam uyqu. Ul kishiki har soat bir taoma mayl aylar Ne ajab agar tutsa oni dambadam uyqu. Garchi kechalar uymoq el tanig‘a rohatdur, Lek menga bo‘lmishdur sarbasar alam uyqu. Mutribo, chekib sozing, tuz navog‘a ovozing, Toki bir zamon ochg‘ay savti zeri bam uyqu. Hajr qasdi jon aylab, eltsa meni shoyad, Bir qadah mayi, soqiy, aylasang karam uyqu. Ko‘nglida vatan yodi o‘gguchi musofirdur. Kim tutar Muhayyirni yo‘lda lojaram uyqu. — Source: https://wikisource.org/wiki/Manga_qaydadur_birdam_sensiz%2C_ey_sanam%2C_uyqu.... Downloaded from uzbekai.com.