Ayg‘il manga ko‘nglim nedur asrori nihoning... Mujrim-Obid Ayg‘il manga ko‘nglim nedur asrori nihoning Lol o‘ldi magar hajrida go‘yo bu zaboning. Aqlim sening aqlingduru hushim seni hushing, Jismim seni jismingduru jonim seni joning. Sen podshohi mulki tanu qal’ai jonsan, Ilgim, oyog‘im ikkalasi taxti ravoning. Bir maslahatim ayg‘ilu yo‘limg‘a ravon qil, Shoyadki qabuli haq esa ushbu ravoning. Shodim borida shodsan, g‘am bila g‘amda, Jonim meni jonim edi qo‘ynimda makoning. Ey bulbuli tab’im na havodur bu chamanda, Behuda erur nolau faryodu fig‘oning. Obidni balolarga giriftor qilibsan, Ayg‘il manga ko‘nglum nedur asrori nihoning. — Source: https://wikisource.org/wiki/Ayg%E2%80%98il_manga_ko%E2%80%98nglim_nedur_asrori_nihoning.... Downloaded from uzbekai.com.