Munavvarqori Abdurashidxon oʻgʻli Munavvarqori Abdurashidxon oʻgʻli Bizda hamiyat Havo qish o‘ldig‘indan g‘oyat sovuq edi.Ko‘chalar bilchirab bitg‘an, butun atrofni balchiqlar iflos qilib tashlag‘an edi. Shul balchiqlarning o‘rtasindan, balchiqlarg‘a botg‘an, kiyimlari yirtilg‘an, ikki ko‘zi nobajo bir yetim bola qo‘lida aso ushlab kelmoqda edi. Lekin bu yetim bolani ko‘rg‘an inson har qanday hamiyatsiz bo‘lsa ham rahmi kelur edi. Meni yonimdag‘i ziyolilar «nazar-diqqatlarina jalb etdirdilar». U yetim bola bizlarg‘a yaqin keldi-da, shul yerda odamlar borlig‘ini bilmish kabi qaramakg‘a boshlab bizlarg‘a qarshi ma’yuslik birlan shunday dedi: — Taqsirlar, meng‘a shafqat etib bir oz maovanat qiling‘izlar! — dedig‘i birlan man yonimdag‘i ziyolilarni bir narsa bermaklarini taklif etdim. Manim bu taklifim A. afandig‘a o‘xshamadig‘indan mang‘a tahqir nazari birlan bir qarab oldig‘indan so‘ng‘ra bu yetim bolag‘a qarab sho‘yla dedilar: — Sen yoshsan. Kuch va quvvating bor, o‘qi, mardikor ishla, andin so‘ngra pul topilur, — deb qat’iy so‘zlamishdilar. Zavolli bola yig‘lab yoling‘on tovush birlan: — O‘rgulay pochcha, o‘qiy desam ko‘zlarim ko‘r, mardikor ishlamak mumkin emas, balchikdardan yurolmayman, qornim och, taom yeg‘ani qudratim yetmaydi. … nima qilay? — dedig‘i asnoda A. afandi g‘oyatda shiddatli etib shunday dedilar: — Ovrupoliklar ko‘r, quloqsiz kar va hokazo o‘qumog‘i mumkin bo‘lmag‘on insonlarg‘a maxsus etib maktablar ochg‘onlar va u maktablardan ko‘r, karlardan o‘qub chiqg‘on in-sonlarning had va hisobi yo‘q, san ham shundog‘ maktabda o‘qi. Shundog‘ deb erdilar, ziyolilar qahqaha etib kulub yubordilar. Man ham shu so‘zlarni so‘zladim: — Siz bu so‘zlaringizni qaysi yerda so‘zlarsiz? Berlindami va yo Lundundami, o‘zingizni zan etursiz… aqlingiz qaysi yerda? — deb erdimki, A. afandining chehralari burishib, achig‘lari birlan mang‘a qarab: — San yoshsan, hali sang‘a gap tushg‘ani yo‘q, — deb erdilar, man javoban: —Afandim? Bu vaqtda yoshg‘a qaramaydi, har bir kishi fikr, akd, zehn, xizmat, hamiyatg‘a qarab qolg‘ondir. Ziyolilar ham A. afandining so‘zlarina g‘oyat daraja mukaddir bo‘ldilar. Vujudlari titramakg‘a boshladi. Mani ham hamiyatim qaynay boshladi va ziyolilarg‘a qarshi: — Ajabo! Bizlar o‘n-o‘n besh kishi ittifoq etib, shu yetim bolani tarbiya qilsak bo‘lmaydimi? — dedigim vaqtda N. va Y. afandilar masrur bo‘lib qabul etg‘an kabi boshlarini qimildotdilar-da, so‘ngra shuni ilova etdilar: — So‘zladig‘ing‘iz to‘g‘ri, ammo A. afandi kelsunlar, so‘ngra muzokara etamiz. Bu so‘zlarina qarshi A. afandi g‘oyat vahshiyona bir nazar birlan: — Sizlar o‘zing‘izni ziyoliman deysizlar, ammo … qilg‘on ishlaring‘iz hech biri ziyolilarning ishlarig‘a o‘xshamaydi? Faqir A. afandining bu so‘zlarina g‘oyat daraja xafa bo‘lib, shundog‘ dedim: — Demak, sizning zaning‘izcha, ziyoli bo‘lmak uchun hamiyat-siz, rahimsiz o‘lmak lozimdirmi?.. Agarda ziyoli bo‘lmak uchun shu shart lozim esa, balki, sizni ziyoli o‘lmoqing‘iz lozimdir. Bizning zanimizg‘a ziyoli o‘lmak g‘oyat mushkul bir narsadir. Ziyoli Millat, Vatan nima edig‘ini bilur va ziyoli millat uchun jonini, molini fido etar va mil-latning taraqqiysi uchun doimo harakat etar. Vaqti kelg‘anda, millat uchun o‘zini halokat vartasina tashlamakg‘a muhayyo bo‘lur. Sizning bilmag‘ing‘iz lozimdirki, bizning millatimizg‘a sado va so‘z birlan ziyoli nomini olg‘on insonlar lozim emas. Balki, xizmati, harakati, yordami va himmati birlan ziyoli nomini olg‘on insonlar lozimdir. Io‘q esa, «Millat», «Vatan», «Madaniyat» — shung‘a o‘xshash so‘zlarni bilmak bilan inson ziyoli bo‘lmaydir. Agarda shunlarning ma’nisini so‘rar esam, balki bilmasangiz deb erdim, A. afandi g‘oyatda xafa bo‘lib, bizdan ajraldilar. Biz ham buni ko‘rib, kulib qolduk. Birda qarasam zavolli bola bir devorg‘a suyanmish yotiyur. — San hozircha borib tur. Erta va yo birisi kun kel. Ul vaqtda sani o‘z yonimizda tarbiya etamiz! — Rahmat, rahmat, Xudo xayr bersun, — deb ketdi. Bizlar ham ittifoq birlan har birimiz har tarafg‘a, A. afandini holig‘a taassuf etub tarqalduk. Muharram Bizni jaholat — jahli murakkab Har millatning maktab va madrasasi o‘ldig‘i kabi, bizni ham maktab-madrasalarimiz garchi benizom va beusul o‘lsa ham, yo‘q demak darajada oz emas. Har millat avlodini tarbiyalash va ta’limi ulumda ko‘rsatgan himmat va g‘ayrati kabi bizlarda ham o‘z ma’sum avlodlarini jaholat va g‘aflat zulmatida qolmoqig‘a hech bir rizolari o‘lmay, qo‘llaridan kelgancha ta’lim va tarbiyati avlodda qusurlik ko‘rsatmakchi zotlar mavjuddirlar. Va lekin dunyog‘a nima uchun kelgonini bilmay, ilm va maorifg‘a aslo rag‘bat qilmay, jonidin shirin bolalarini ko‘cha-bako‘cha kezdirib, bechora ma’sumning aziz umrini jaholat otashina yondirg‘uvchi behamiyat va bediyonat otalar ham oramizda oz emasdur. Ko‘p dindoshlarimizni ko‘rarmizki, o‘z farzandlarini aslo maktabg‘a bermay orqalaridin ergashtirib, ruslar eshigida o‘zlari kabi xizmatchilikka o‘rgatib, dunyo va oxiratning saodati o‘lg‘on ilm va maorifdin mahrum qo‘ymoqdin hech bir ibo qilmaslar. Ba’zi azizlarimiz bordurki, o‘g‘lini qo‘lidin tutib maktabga olib borur. Muallimdan tolib qilurg‘a: «Taqsir, shu o‘g‘limni go‘shti sizniki, ustixoni bizniki, bir iloj qilib, tezlik ila naqd va nasiya yozmoqni o‘rgatib berursiz», der. «Eshagiga yarasha tushovi» degan o‘zbek maqolicha, muallimlar ham aksarlari qonuni ta’lim-tarbiyadin butun-butun bexabar kishilar o‘lub, balki o‘quv va yozuvni ham lozimincha bilmasliklari vajhidan bechora ma’sumalarni iste’dodi zotiyasig‘a nazzora ikki yil zarifida jami’ lavozumoti diniyani bildirmoq mumkin o‘lg‘on holda, to‘rt-besh yilg‘acha hijja usuli birla dunyo va oxiratga foydasi bo‘lmag‘on Fuzuliy, Navoiy, Xo‘ja Hofiz va Bedil kabi mushkul manzuma kitoblarg‘a umri azizini barbod etarlar. Ey vatandoshlar! Diqqat nazari ila boqing! Bir bolani maktabg‘a bermakdan maqsudi vojibot diniyamiz o‘lg‘on ilmi qiroat, masoili e’tiqodiya, farz, vojib, sunnat mustahab, harom, makruh, namoz va ro‘za, haj va zakotlarni ham zaruroti dunyaviyamiz o‘lg‘on ilmi hisob, jug‘rofiya, tavorix, xususan, «Tarixi Islom» kabi foydalik ilmlarni bildurmoq o‘lg‘on holda johil domlalarning «ta’limi faloniy, qoshi qaro, qaro ko‘zi, qaro yuzi, oh, so‘zi shirin», deb bolalarni fasod axloqig‘a birinchi sabab o‘ladurg‘on manzuma kitoblar o‘lmish. Bu xususda otada ayb yo‘q, chunki bu bechorani e’tiqodida bolani o‘qutmoq yolg‘iz naqd va nasiya yozdurmoqdin iboratdur. Muallimda ham ayb yo‘q, chunki bu zikr qiling‘on ulumi zaruriyalarni bechora muallimning o‘zi bilmas, balki ba’zilarini ismini ham eshitgan emas. Bechora na qilsun? Nochor, befoyda bo‘lsa ham maktablarda bolalarga o‘qitgudek bulardan boshqa bir kitob topilmag‘on zamonlarda o‘zi o‘qib, bilgan kitoblari shu kitoblar o‘ldig‘i chun eski o‘runlarda eski tushlarin ko‘rmakdadurlar. Mani so‘zimdan Fuzuliy, Navoiy, Xo‘ja Hofiz, Bedillar kabi ulug‘ zotlarni tahqir qildi, deb gumon qilinmasun. Chunki mani g‘arazim bu kitoblarni zotan befoyda demak emas, balki yosh bolalarg‘a bu kitoblarning ta’limi befoyda, demakdir. Misola bir bolaga Fuzuliy o‘rniga ilmi qiroat, Navoiy o‘rniga masoili e’tiqodiya, Xo‘ja Hofiz joyiga masoili amaliyot, Bedil badalig‘a ilmi hisob o‘qitilsa, din va dunyosi uchun qancha foydalar hosil qilib, musulmon o‘lur. Bil’aks, bu kitoblarning o‘zi o‘qitulg‘on holda bu foydalardin mahrum qolib, balki fasod axloqqa mubtalo o‘lmog‘i ham ehtimoldir. Chunki bu kitoblarni tasnif qilg‘on zotlar Olloh taoliyg‘a qurbat paydo qilg‘on kishilar o‘lg‘onlari uchun aytgan so‘zlarining zohiri shariatga muxolif o‘lsa ham, haqiqati muvofiqdir. Chunonchi mavlono Fuzuliy derki, fard: Sanamlar sajdasidur bizda toat tangri-chun, zohid, Kishi ko‘rsang sen, o‘z diningda taklifi namoz ayla. Yoki Xo‘blar mehrobi abro‘sina mayl etmaz faqih, O‘lsa kofirdur, musulmonlar, ango qilmang namoz. Mavlono Hofiz derki: May no‘shki, umri jovidoniy in ast, Kayfiyati ro‘zgori foniy in ast. Hangomi gulu, lolau yoron sarmast, Xushbosh, dameki, zindagoniy in ast. Bu kabi so‘zlarning zohiriy muxolifi kitob, sunnat bo‘lsa ham, haqiqati bir boshqadir. Ammo yosh bolalar, shubha yo‘qdurki, buni haqiqatda bilmaslar. Balki o‘qitgan muallimlari ham bilmaslar. Nochor zohiri ila amal qilib, fasod axloqg‘a mubtalo bo‘lmoq xavfi bordur. Ba’zi juhalo dermishki, bu tartib hazrat Imomi A’zamning tartiblari, buni buzaman degan kishining o‘zi buzulur. Ajabo, bu kabi jaholat ham bo‘lurmi? Bu jahli murakkab emasmu? Chunki bu johillar hazrat Imomi A’zamning umrlarida bu kitoblardin hech bir asar o‘lmag‘onini bilmaslar. Bilmaganlarini ham bilmaslar. Qachon ul janobning zamonlarida Fuzuliy yo Bedil, yo Xo‘ja Hofiz, yo Navoiy bor edi? Qachon ul janob bu kitoblardin bolalarga ta’lim berdilar. Ul janob kabi zotning haqlarig‘a bu kabi bo‘lg‘on iftiro, tuhmat qilg‘on johilni inshoolloh o‘zi bilur. Ba’zi nodonlar dermishki, shu kitoblarni o‘qimaguncha bolalarning savodi chiqmas. Bu ham e’tiqodi fosid va da’voyi bedalildur. Chunki bu e’tiqod durust bo‘lsa edi, Turkiston viloyatidin boshqa viloyatlarda hech kimning savodi o‘lmas edi. Vaholonki, boshqa viloyatlarda xat bilmaydurgon kishi yuzdan o‘n bo‘lsa, Turkiston viloyatida yuzdan to‘qsondir. Mundin ham ma’lum o‘lurki, savod chiqmaq bu kitoblarni o‘qumoqqa muvaqquf emas, balki bu kitoblar g‘oyat qiyinlikidin bolalarni besavod qolmog‘ig‘a ham sabab o‘lur. Chunki bu kitoblar o‘qilodurg‘on maktablarda ellik boladin o‘n bola to‘rt-besh yilda bazo‘r ushbu kitoblarning o‘zinigina xatini tanub chiqur. Boshqa kitoblarni yana durust bilmas. Ammo bu kitoblar o‘qilmaydurg‘on jadid maktablarida ikki yil ichida ellik bolani qirq to‘qqizi balki hammasi alassaviya necha xil ilmlardan imtihon berib chiqar. Boz bu kitoblarni ham bilur. Xayr, durustroq ham bilmasun? Lekin, bilmagoni birla bu bolaning na dunyosig‘a va na oxiratig‘a hech bir zarari yo‘q. Chunki bu kitoblarning o‘zini dunyo va oxiratg‘a hech bir foydasi yo‘q. Balki zararining ehtimoli bolada zikr qilindi. Xayr, kelaylik sadadi kalomg‘aki, o‘g‘lini maktabga bermakdin maqsadi naqd va nasiya yozdurmoq o‘lg‘on johil otaning o‘g‘lig‘a qilg‘on muallim bechoraning tarbiyati, chekkan mashaqqatini va ma’sum bechorag‘a maktabda bergan kulfatini yozib bitirmak mumkin emasdir. Ko‘rgusi va bilgusi kelgan kishi bizning Toshkand maktablarining biriga kirib, ikki soat istiqomat qilsun. Shuncha demak mumkindirki, muallim afandi qo‘lida zo‘r bir tayoq, qaysi bolaning boshi harakatdin qolsa, ushbu tayoq shu bolaning boshida o‘lur. Ammo o‘qug‘on-o‘qumag‘oni ila hech kimning ishi yo‘q. Boshini qimirlatib o‘ltirsa kifoya qilur. Hattoki, o‘tgan yillarda bu tariqa zolim muallimlarning tayoqi ostida vafot qilmoq ham voqe’ o‘ldi. Bu tariqa zolim va badxulq, johil muallimlarning tarbiyasida o‘sgan bolalardin nima umid qilmoq kerak? Fasodi axloqdin boshqa bir ish o‘rganmas. Johil otalarni umid etduklari naqd va nasiya yozmoq ham tanho o‘ndan bir, yigirmadan bir bolaga hosil o‘lub, boshqalari esa «maktabda o‘qumoq, igna ila choh qazimoqdan ham qiyin (mushkul) ekan», deya-deya qochar-ketar. Bunga sabab muallimning badxulqligi, maktabning benizomligi o‘lur. Agar bizlarning maktablarimiz boshqa millatlar maktablari kabi bir nizomg‘a qo‘yilib, yaxshi muallimlik vazifasini lozimincha ado qilurlik kishilardin muallimlar tayin qilinsa edi, ma’sum avlodlarimizning ruhini hayotig‘a, dunyo va oxiratining saodatig‘a birinchi sabab o‘ladurg‘on ilm va maorifdin bu darajada mahrum o‘lmakig‘a sabab bo‘lmas eduk. Ey qardoshlar, voy millatdoshlar!!! Ko‘zimiz g‘aflat uyqusidin ochib, atrofimizg‘a nazar solmakimiz lozimdir. Har millat o‘z saodat hol va istiqbolini muhofazatig‘a birinchi vosita ilm o‘lmakig‘a qanoat hosil qilib, ilm va maorifg‘a ortiq darajada ko‘shish qilgan bu zamonda bizlar bu g‘aflat va jaholatimizda davom etsak, istiqbolimiz nihoyatda xavflik o‘lub hamma olamga masxara va kulgu o‘lmog‘imizda hech shubha yo‘qdir. Balki, bu jaholat zulmatida saodati uxraviyadin ham mahrum qolmoq xavflidir. Bu jaholat natijasidurki, o‘zimiz yerlik musulmonlardan o‘ldig‘imiz holda musofir rus va yahudiylar eshigida mardikor va xizmatchi o‘lduk. Bu jaholat xohishidurki, millat foydasi uchun jonin qurbon qilmoqqa loyiq arslon kabi yigitlarimiz butun millatni yodlaridin chiqorib, iste’dod va g‘ayratlarini choyxona va pivaxonalarg‘a sarf etmakdadurlar. Jamiyatlar qanday ochilur Maorif va madaniyat bog‘chasining birinchi darvozasi maktabdir. Yer yuzindagi maorifli millatlarning har birlari madaniyat bog‘chasina shul darvozadangina kirmishlar, ya’ni maorif va madaniyat yo‘lina safar prog‘romi yasalganda, birinchi moddasini shul «Maktab ochmak» masalasini qo‘ymishlar. Ishlarini shul «maktab»dangina boshlaylar. Maktab ochub, bilfe’l ish boshlagonlaridin so‘ngra har tarafdin turli-turli nuqsonlar va ehtiyojlar ko‘rila boshlamishdir. Maktabni ochub qo‘ya qolg‘on ila ish bitmasligi, balki aning farqi va davomi uchun moddiy va ma’naviy yordam va ma’ovanatlar, g‘ayrat va himmatlar lozim ekonligi onglashilmishdir. Buning uchun eng yaxshi chora o‘laroq «Jamiyat»ni tuzmishlar. Ya’ni rasmiy bir qonun doirasinda xalqtsan iona yig‘ib, ochilmish va ochiladurg‘on maktab va dorululumlarning nuqson va ehtiyojlarin yengillik ila isloh qilmoq va ado qilmoq usulini ijod etmishlar. Bora-bora bu «Jamiyat» shul qadar taraqqiy qilmish va rahmat kasb etmishki, madaniy millatlarning butun taraqqiyoti diniya va ehtiyojiyoti milliyalari uchun eng ishonchli suyanchiq va muttakoi ettehoz o‘linmish va ularda madaniyat narvonining birinchi bosqichi maktab, ikkinchisi jamiyat ekon, hozir ko‘p yerlarda maktabni ikkinchilikka qoldirub, birinchi bosqichlik nomi muqaddasasini jamiyat o‘zina olmishdir. Maorif va madaniyat yo‘lina yangi qadam qo‘ya boshlag‘on Turkiston musulmonlari ham, tabiiy, shul bosqichlarni bosmakka va shul darvozalardan kirmakka majburdurlar. Binoanalayh hozirda bizim Turkiston taraqqiyparvaroni ko‘broq shul maktab va jamiyat atrofida aylanmakdalar. Lekin bu maktab jamiyatlarni ochmak uchun qanday tadbirlar lozim? Hukumatdan qaysi yo‘l ila ijozat olinur? Qanday ustav va prog‘ramlar ila ochmak foydali bo‘lur? Mana bu xususlarda idoradan yo‘l va mashvaratlar so‘rab maktub yozurlar. Bunday maktablar nihoyatda ko‘b bo‘lg‘onlig‘i uchun har birina ayrim-ayrim javob yozub o‘ltirmak idora uchun hiyli mushkullik bo‘ladur. Taraqqiyi millat va maorif uchun bundan foydali ishlarg‘a tashabbus qila boshlag‘on zotlarga tashakkur etmak ila barobar so‘ragan savollarining javobini xususiy maktub ila beraolmag‘onimiz uchun afularini rijo qilurmiz. Va jamiyat ochmak xususidagi savollarina javoban ushbu maqolani takdim qilamiz: hozirda Toshkand, O‘renburg‘, Qozon, Boku, Bog‘chasaroy kabi musulmoni ko‘b bo‘lg‘on shaharlarning har birida musulmon jamiyatlari bor. Bir yerda jamiyat ochmoqchi bo‘lg‘on kishilarg‘a avvalo shul shaharlardag‘i jarida idoralarina yoxud mashhurroq kishilarg‘a maktub yozub, jamiyat qonunnomasini, ya’ni ustavini so‘ramak lozim. Maktub olg‘on zotlar ham bunday foydali iltimosni ahamiyatsiz qoldurmasdan, ustavni topub yuboradurlar. Mana bu ustavlardan bir nechasini qo‘lg‘a kiritgandan so‘ngra besh-olti kishi bir yerda o‘turub, shul ustavlarni o‘qub chiqurlar. Mashvarat qilishub, shunlardan birini aynan yoxud bir oz isloh ila qabul qilurlar. Yoxud bunlardan intihob qilub, yangi bir ustav yasarlar. Jamiyatg‘a munosib bir ism topub qo‘yurlar. Ustav saylamoq yoxud intihob qilmak qaysi moddalarini nima uchun kiritilganligini ahli majlisg‘a yaxshilab tushundirmak uchun majlisda zamondan va ilmi huquqdan, hech bo‘lmag‘onda, jamiyat ishlaridan xabardorroqbir kishining vujudi (ishtiroki) lozimdir. Ustav yasolub, tamom bo‘lg‘ondan so‘ngra: «Ushbu arizamiz barobarinda topshirilmish qonun doirasinda bir jamiyat ochmakka ruxsat bersongiz ekon», mazmunida bir ariza yozdirub, loaqal besh kishidan ustav ham arizani imzolatib, voyenniy gubernato‘rg‘a topshirilur. Ushbu ariza va ustavg‘a qo‘l qo‘yg‘an kishilar jamiyatning muassislari deb atalurlar. Hukumatning ruxsat bermog‘i osonroq bo‘lsun uchun ustavning ko‘b kengayib ketmasligi hamda muassislarning hukumat qoshida e’tiborliroq kishilardan bo‘lmoqlari yaxshiroqdur. Bunday kishilar topilmog‘on takdirda, sud hukmi ila ayblanmog‘on va hukumat qoshida siyosiy jihatdan shubhali sanalmag‘on har bir kishining muassislikka kirishmog‘i mumkindir. Ariza berilg‘ondan so‘ngra muassislarni taftish va ispravka qilub ko‘rmak uchun arizalari palisa idorasina topshirilur. Bu vaqtda, ehtimolki, ba’zi bilmag‘on kishilar tarafidan qo‘rqituvlar ham voqe’ o‘lur. Jamiyatga ijozat so‘ramak muxolifi nizom bir ish o‘lmay, xalq uchun ham, hukumat uchun ham foydali bir ish bo‘lg‘onlig‘i uchun bunda qo‘rqish va qo‘rqutishlarg‘a sabab bo‘ladurg‘on hech bir narsa yo‘qdur. Binoanalayh hech bir qo‘rqmasdan, charchamasdan, bu ishning orqasidan yurmak lozim. Agarda biror sabab ila birinchi martabada tasdiq qilmasdan rad qilinsa, oni tuzotib, ikkinchi martaba, ikkinchi martaba rad qilinsa, uchinchi martaba murojaat qilmakka avvaldan jazm va qaror berub qo‘ymak kerak. Agarda mas’ul muassislar orasinda bu ishning orqasindan yururg‘a loyiq kishilar bo‘lmasa, yonlarina bir advokat yollab, shuning vositasi ila yurutulsa, yana yengilroq bo‘lur. Jamiyatg‘a ruxsat berilg‘ondan so‘ngra, avvalo, mas’ullar yig‘ilishib, o‘z oralarindan bir sadrnishin, bir sarkotib va bir xazinachi saylarlar. Qolg‘onlari idora a’zosi hisob o‘linurlar. Bu kundan e’tiboran jamiyatning haqiqiy xizmati boshlanur. Pul topmak, a’zo ko‘paytirmak va qonun doirasida jamiyat vositasila manfaati umumiyag‘a xizmat qilmak kabi ulug‘ himmat, g‘ayrat va fidokorliklarg‘a navbat kelur. Faqat ish bu darajag‘a yetganda, muassis yonina bir necha o‘zlari kabi fidokor millat xodimlari to‘plang‘on bo‘lib, maqsudlarina ohista-ohista yetusha boshlaylar. Ishda milliy bir jamiyatni vujudg‘a chiqarmak uchun kerak o‘lan yo‘l, tartib va tadbirlar shundan iboratdur. Maqbul qurbonlar Butun dunyodagi hurriyatchilar orasida bir so‘z bor: «Hurriyat berilmas, olinur. Hech narsa ila olub bo‘lmas, faqat qon va qurbon ilagina olub bo‘lur». Mana bu jumlalar haqiqatga shul qadar muvofiqdurki, hazrati Odamdan shul vaqtgacha hech bir davlat va mamlakatda hurriyatning berilgani, qon va qurbonsiz berilgani tarixlarda ko‘rilmaydur. Balki, har zamon va yerda hurriyat berilmagan, olingan ham ko‘p qon va qurbonlar barobarinagina olingan. Bizning Russiyada ham hozirgi hurriyat 1772 yil (Pugachyov ixtiloli) dan davom etub kelgan tortishuvlar, to‘kilgan qonlar, berilgan qurbonlar barobarinagina olindi. Ushbu 145 yil ichinda Rusiyada hurriyat uchun minglarcha olimlarning badanlari turma va zindonlarda churidi. Minglarcha faylasuflar qo‘l va oyoqlari bog‘langan holda Sibiriya sahrolarida umr o‘tkazdilar. Minglarcha dohiylar aziz vatanlaridan ayrilib, chet mamlakatlarda qochib yurmakka majbur bo‘ldilar. Minglarcha qahramonlar ko‘kraklarin o‘qqa, bo‘yinlarin dor arqonlarina qurbon etdilar. Minglarcha gunohsiz mazlumlar va mazlumalar o‘zlarining ma’sum qonlari ila yer yuzini lolazor etdilar. Lekin hurriyat uchun ko‘rilgan shunday jabr va jafolar, to‘kilgan qonlar va berilgan qurbonlar janob Haq dargohida shul kungacha qabul bo‘lmag‘an tusli hurriyat yo‘lida ko‘rilgan butun plonlar yemirilib keldi. Hurriyatchilarni tutmoq, qamamoq, osmoq, kesmoq hozirgacha davom etdi. Butun Rusiyada hurriyat uchun qilingan sa’y va harakat, to‘kilgan qon va berilgan qurbonlarga eng oz qo‘shilg‘on va hurriyat yo‘lida eng oz zarar ko‘rgan bir millat bor esa, ul ham yolg‘iz Turkiston musulmonlari edi. Eski hukumatning 1916 yil 25 iyun farmoni xoinona va zolimonasi (Turkistonda harbiy mardikor olmoq farmoni) Turkiston musulmonlarining ham ko‘zlarin ochub, bilmajbur hurriyatchilar qatorina kiritdi. Zotan, avval farmon shunday hikmatsiz, mantiqsiz va nodonlik ila berilg‘on ediki, teleg‘romni o‘qigon har bir kishi hech o‘ylamasdan: «Bu farmon Turkiston musulmonlarini hukumatg‘a qarshi oyoqlandurub, qirmak va yerlarini qochoqlarg‘a bermak uchun maxsus chiqorilg‘on intibohnoma», — deb hukm qilmoqqa majbur edi. Chunki avval farmonda na xalqni hozirlamoq yo‘llari bor va na mardikorlikni necha adadligi bor va na muhlat bor? Faqat «Front orqasidagi xizmatlar uchun Turkiston, Sibiriya va Qofqoz inonarodetslaridan 19 dan 31 yoshgacha bo‘lgan er kishilarni chaqiraman», degan qisqacha so‘zdan iborat bo‘lgan ul farmonning hozirgacha askariy xizmat xayollarina ham kelmagan bir xalq orasida qanday hayajon tug‘dirmog‘i ishlar boshidag‘i kishilarg‘a, albatta, ma’lum bo‘lsa kerak edi. To‘satdan chiqarilg‘on bunday og‘ir farmon yolg‘iz insonlarnigina emas, hayvonlarni harakatga, qarshulikka majbur etmog‘i tabiiy edi. Shuni bilib turib avval farmonni istisnosiz, sharhsiz, plonsiz butun Rusiyaga nashr etdilar. Ham amaliy suratda xalqqa hech bir tushuntirmasdan, ishga kirishdilar. Ishning haqiqatini bilmoquchun mahkamalarg‘a borg‘an gunohsiz musulmonlarni otdilar, tutdilar, alhosil, Turkistonning zolim ma’murlari ma’lum 1916 yil iyul fojiasini qo‘ldan yasab maydong‘a chiqardilar. Bu fojiada Toshkandda Kalkin, Kolesnikov va Mochalovlar, Jizzaxda Ivanovlar, Semirechinskiy viloyatida, bilmayman, tag‘in kimlar shul qadar «qahramonliq» ko‘rsatdilarki, uydagi xotun-qiz, beshikdagi bolalar, hech narsa qo‘lidan kelmaydurg‘on chol va kampirlar, tilsiz hayvonlar, jonsiz imoratlar va mollar hech biri istisnosiz suratda otildi, kesildi, yoqildi, yondurildi. Faqat, barakat bersunga ba’zi kishilarning sa’y-harakatlari soyasida Turkistonga general Kuropatkin, Tevkelev va Kerenskiylar kelub, ishning bir oz oldini to‘sdilar. Avvalgi yuqorida ismlari yozilg‘on «qahramon»lar shul qadar g‘azabg‘a ming‘on edilarki, musulmonlarning go‘shtlarin kabob qilib yemak ul «qahramonlar»ning oshkora va ra’dzabonlari o‘lmish edi. Agarda yana bir oy bular o‘z hollarina qo‘yilganda, ehtimolki, Turkistonning ko‘p shahar va qishloqlari hozirda kishisiz, bo‘sh xarobazorlardangina iborat bo‘lib qolardi. Alhosil, Turkiston musulmonlari zulm panjasining ostida shul qadar ezildilar va hurriyat, huquq yo‘lida shul qadar ko‘p qurbon berdilarki, bir-ikki oy ichida boshqa millatlarning 145 yil ichida bergan qurbonlariga quvlab yetishdilar. Mana bu qurbonlar janob Haq dargohida eng maqbul qurbonlar bo‘ldi. Chunki bu shahidlarning otilg‘on, kesilg‘on, osilg‘onda to‘kilg‘on va mazlumlarning ko‘zlarindan oqqan yoshlari hanuz qurimag‘on, huqumatg‘a qarshulik tuhmat ila zindonlarga soling‘on minglarcha musulmonlarning sudlari hanuz tamom bo‘lmag‘on, voyenniy sudlarning adolatsiz hukmlari ila osilg‘on shahidlarning badanlari hanuz churumag‘on ediki, janobi Haq bu zulm va istibdodlarning amirlaridan tortib, ma’murlarig‘acha, shohlaridan tortib, qorovullarig‘acha yer bilan yakson qildi. 145 yildan beri tortishib kelg‘on hurriyat qahramonlari ishchilar va askarlar ila barobar Turkiston musulmonlarini ham onlarning vahshiyona zulm va jabrlaridan qutqarib, Hurriyat, Musovot va Adolat zamonlar yana bita ko‘rdi: «maqbul qurbonlar». Nikoh to‘g‘risida I Janob muallif va muharriri «Taraqqiy»din iltimos qilurmankim, nikoh masalasi xususida mani bu besh-olti kalima so‘zimg‘a «Taraqqiy» sahifasidan joy bersalar. Qola nabiyyi sallollohi alayhi vasallam nikoh sunnati «Faman rag‘ba an sunnati folis mani» mazmunicha bir oqil va bolig‘ kishiga tazavvij, ya’ni uylanmoq sunnat mua’kadalarini biri bo‘lmoqig‘a hech shubha yo‘qdur. Bunga binoan har kim o‘z kafuvvini topib, oli qadaral ol to‘y-tomosha qilib, imom afandilarimiz fasih va mavzun iboratlar birla aqdi shar’iy qilib, bir vajhi sunnat xutba o‘qilib, qizni kuyov qo‘lig‘a taslim qilurlar. Xo‘b yaxshi, ammo ikki-uch moddai muvassafasi bordurki, aning fasxiga ko‘shish qilmoq ulamoyi zulehtiromlarimizg‘a va ag‘niyolarimizg‘a vojib darajasida muhim va zarurdir. Birinchisi, qalmoq va xitoy toifalaridan qolg‘on bir rasmi qabihadurkim, nikohdan bir kun muqaddam besh-o‘n nafar sozanda va juvonlarni jam qilib, necha xil af’oli qabiha, g‘ayrimashru’lar birla o‘z yoru birodarlarig‘a bazm qilib ko‘rsatib, ofarinlar uyushtirar edilar. Bu ishni shar’an haromlig‘i izhori minal shamsdir. Ammo avomunnosg‘a chinon shoyi’ bo‘lmishdirki, martabai istihloldin o‘tub, sunnat, balki vojib darajasig‘a yetubdur. Zakot bermoq bo‘lg‘on holda bir boy zakot bermasa, hech kimning ishi yo‘q, ammo o‘g‘lini uylantirib, bazm bermasa, avomlar o‘rtasida malomatga mustahiq bo‘lur. Ikkinchi nikoh kuni kelinni kuyov hovlisig‘a olib borurda ko‘riladirgon bir rasmi shani’adurki, bir arobag‘a kelinni solib, ul arobaning oldida ikki-uch nafar xotunlar beibo chirmanda chalib va hofizlik qilib bormoqlari. Agarchi kulliyatan bo‘lmasa ham aksar joyda ko‘rilmoqdadur. Bu badbaxtlarning avrat ovozini eshitib, ko‘p musulmonlar gunahkor bo‘lmoqdadur. Uchinchi, dallol va yalochi masalasidurkim, muni haromlig‘idin ziyoda zararlari ham bor. Chunonchi bir hovlida yalochi o‘ynasa, jami’ xotunlar ani atrofida turub o‘rtag‘a ma’jusiy otashparastlardek otash yoqurlar, ba’zi joylarda ul badkirdorlarning o‘yinini erkaklar ham bir tarafda turub tomosho qilurlar va ba’zi nodonlar qo‘llarig‘a tanga olib o‘yunchisini choqirib, bir a’lo fohishabozlik qilurlar. Bularning bu ishlarini bo‘lak mastura xotunlar ko‘rib tururlar. Mazkur erkaklarning bir ko‘zlari o‘yunchida bo‘lsa ham, bir ko‘zlari boshqa xotunlarda bo‘lur, hosili kalom, toqati islomiyatdan xorij bir xilof shar’idurki, buni shafe’i va davomi aholii islomni g‘ayrat va hamiyatdin butun-butun judo qilur. Bas, bu af’oli qaboyihlarni fasxiga ulamolar ko‘shish qilmasalar, bu ishlarni shar’an joiz ekonlig‘ini avomunnosg‘a bildurmasalar, avomunnos bul xilofi shar’iy ishlarni istihlol va istihfonida mudovomat qilsalar kerak va bul e’tiqod fosidalari bora-bora ulamolarg‘a ham ta’sir qilsa, bul xilofi shar’ilarda avomunnosg‘a mutobaat qilsalar kerak, balki mutobaatlari ham ko‘rinmakdadir. Hattoki ba’zi ahli ilmlar bu ishlarni javoziyat va shar’iligini tavajjuh qilmoqdadurlar. Yo rab, munday faso axloq va munday behamiyatlikdurki, shunday xilofi shar’ilarni man’ig‘a ellik-oltmish ming musulmondin bir g‘ayrat sohibi topilmas. II Har besha gumon mubarki xolist, shoyadki palang xufta boshad. Mazmunicha: g‘ayrat va hamiyat sohiblari alhamdulilloh mavjuddurlar. Chunki bundin muqaddam bazm va yalochilar haqida yozg‘on maqolamizni «Taraqqiy» sahifasida o‘qug‘on kishilar xattiki muhofizi shar’iyi sharif bo‘lg‘on qoziyi islomimiz bul to‘g‘rida izhori mamnuniyat qildilar. Ba’zi mahallalarda ijtimo’ bo‘lib, har kim to‘yida bachcha va yalochi o‘ynatsa, mahallag‘a qo‘shilmasun va aralashmasun deb fotiha o‘qug‘onlari eshitildi. Bul janoblarning amsollari ko‘paymog‘ini samim birla vojibul vujuddin tilab va istido’ qilib dermizki, borakolloh, yashosun g‘ayrat, yashosun hamiyat, olami islomiyat. Bul tariqa xilofi shar’ilarni man’ig‘a eng avval g‘ayrat qilg‘on janoblarni tabrik va tahsin qilib, boshqa mahallalarning ham bul janoblarg‘a lohaq bo‘lmoqlarini iltijo qilurmiz. Ammo fuqarolarni sohibi g‘ayratlari «palang xufta» manzallasidadurlarki, «palang xufta»ni quvvati hech yerga yetmas. Misola, bir mahalla imomi yo ellikboshisi bosh bo‘lib man’ qilsalar, ikkinchi mahallag‘a ta’sir qilmas, ikkinchi mahallag‘a ta’sir qilsa, uchinchi mahallag‘a yo‘l topilmas va bul xilofi shar’ilar chunon shoyi’ bo‘lmishdirki, ba’zi behamiyatlar mahallag‘a qo‘shilmaslikg‘a rozi bo‘lib, bazm va yalochini tarkig‘a rozi bo‘lmas, chunki ota-bobolaridin qolg‘on rasm emish, bas, bul rasmi qabihalarni man’ va fasxi ulamoyi zulehtirom va quzzoti islom va hukumatdoron neknomlarimizg‘a lozimdurki, bul janoblar har bir ijtimo’larida ittifoq qilib, falon va falon ishlarni muxolifi shar’iyyi sharif bo‘lgon vajhidin man’ qilduk va har kim qilsa falon jazog‘a mustahiq bo‘lur, deb hukm qilmoqlari birla bul xilofi shar’ilar butun oramizdin ko‘tarilib va bul ishlarni sababi birla dunyo’i va oxiratda sazovori oxiri azim bo‘lmoklarida shar’an va aqlan hech shubha yo‘qdir. Yahudiylar zabihni man qilmoq to‘g‘risida qilg‘on hamiyat va jasoratlari butun Turkiston mamlakatig‘a ta’sir qilg‘ondek buni ham ta’siri butun Turkiston mamlakatig‘a xususan, Farg‘ona muzofotlarig‘a ta’siri ma’lumimizdur. «Xayrun nos man yanfa’n nos» — hadisi sharif maolincha, sifoti xayrunnoslik birla mutassif bo‘lmoqlarida ham shak yo‘qdir. Zeroki, bul ishlarni man qilmoq — musulmonlarni din va dunyolarig‘a foyda yetkurmakdur. Dunyolarig‘a foyda shulki, bul xilofi shar’ilarini sababidin oxiratda tortadurg‘on do‘zax azoblaridin xolos bo‘lurlar, dunyolarig‘a foyda shulki, bachcha va yalochini bir kechalik muzdig‘a beradurg‘on o‘ttuz-qirq so‘mlari o‘z kissalarining manfaatig‘a qolur. Hamadin bul moddasi ajabroqdurki, muxolifi shariat va bid’at bo‘lg‘on badbaxt va bachchalarni muzdlari o‘ttiz so‘m, qirq so‘m bo‘lib, kuyov-kelin qo‘shulmoqlarini xiltig‘a eng amada zarur bo‘ladurg‘on xutba o‘qug‘uvchi imom afandilarimizni muzdlari yigirma tiyin yo o‘ttiz tiyin birla bir o‘n tiyinlik dastruymoldir. Yo rab, munday betartib va benizomlik bo‘lurmu. Faryod az zamonai bemehr kaj harom, Xunrezi jonistoni g‘amangez benizom. III O‘zing bedor qil, yo rab, bizni bu xobi g‘aflatdan, Hidoyat qil tariqi haq sori rohi zalolatdan. 1905 nchi, 17 nchi oktyabrda berilmish manifest, ya’ni hurriyat jumla Rusiya fuqarolarini asirlik zindonidan ozod qilib, o‘z huquqi diniya va dunyaviyalarini talab qilmoqda va o‘z mamlakatlarini islohida va o‘z maktab va madrasalarig‘a tartib va nizom ijro qilmakda. Hurlik, muxtorlik ato qilindi va bul hurriyat vositasi va soyasida jumla Rusiya fuqarolari oli alalxusus necha zamonlardin beri har go‘shada siqilib yotqon musulmonlar qafasdin ozod bo‘lg‘on qushlardek har tarafg‘a parvoz qilib, o‘z huquqi milliya va maoliyalarini talabida chunon g‘ayrat va hamiyat qila boshladilarki, yolg‘uz musulmonlardin Peterburg‘ shahrig‘a yuborilgan arizalar 500 din ziyodag‘a bolig‘ bo‘ldi. Hech bir shahar, viloyat qolmadiki, davlat Dumasig‘a musulmonlar tarafidin vakillar saylanmoqqa maslahat va mashvarat qilinmag‘on bo‘lsa va hech bir viloyat qolmadiki, islohi mamlakat va ijroyi ahkomi shariat xususida majlis-mushovaralar qurulmog‘on bo‘lsa. Ammo biz Turkiston viloyatining musulmonlari hanuz asirlik zindonida tufrog‘ yemakdamiz. Jumla viloyatlardin millati-millati sadolari eshitilmakdadur. Ammo bizning viloyatimizda nafsi-nafsi navolari tarannum etilmakdadir. Hammada izhori haqqoniyat, bizlarda isrori nafsoniyat, hammada g‘ayrat va hamiyat zuhuri, bizlarda ixtilof va g‘aflat huzuri. Biza nechun ittifoq o‘rnig‘a odati ixtilof o‘lmish, Magar bizlarg‘a ro‘zi o‘lmamish millatda g‘ayratdan. Hammaning maktab va madrasalari murattib va munzim, bizlarg‘a usul va tartib makruh va mahrum, oli alalxusus biz Toshkand musulmonlarig‘a sunnat o‘rnig‘a bid’at, ufoq o‘rnig‘a nifoq, va’z va nasihat o‘rnig‘a jang va shikoyat, g‘ayrat va hamiyat o‘rnig‘a xavfu g‘aflat. Iste’moli majlislarimizning eng amada zaruriyotidin o‘lmish ibodat uchun bino qiling‘on masjidlarimizning darvozaxonasi shikoyatxonag‘a mubaddal o‘lmish. Vaholanki, shikoyatni ramlig‘ida shak va shubha yo‘qdir. Imomlarimizning vazifalari qavmlarig‘a va’z va nasihat birla ahkom shariatni bildirub, g‘ayri-mashru’ ishlardin qaytarmoq bo‘lg‘on holda o‘z vazifalarini ado qilmoqqa to‘y va ma’raka axtarmoqdin qo‘llari bo‘shamas. Agar qavmlarini oldig‘a tushub to‘y va ma’rakag‘a yurmasalar o‘shal kuni imomatdin ma’zul bo‘lur emishlar. Chunki avomunnosning e’tiqodida imomlik qavmning oldig‘a tushub to‘y va ma’raka axtarmoqdin iboratdur va a’yoni qavmg‘a xushomad qilib, girdin ekmakdan kinoyatdur. Vaholanki, imomlar noibi Rasulluloh sallollohu alayhi vasallamdurlar. Olloh taoliy anbiyo alayhim-us-salomg‘a o‘z ahkomlarini bandalarig‘a yetkuzmakni va’z va nasihat birla odamlarni dinga va yaxshi amallarg‘a dalolat qilmakni amr qildi. Ul janoblar har qaysilari ma’mur bo‘lg‘on vazifalarini ado qilmak uchun o‘z nafslarig‘a turluk-turluk jafolarni ravo ko‘rdilar. Hargiz va va’z nasihatdin zaboni muboraklarida qusurlik ko‘rulmadi, xususan, hazrat Rasuli akram sallallohi alayhi vasallamning dahani muboraklaridin to‘ti ruhlari parvoz qilg‘uncha «ummatim», «millatim» kalimalarini zaboni muboraklaridin qo‘ymadilar. Qani bizlarda ul janoblarg‘a mutobaqat, qani ul janoblarg‘a muvofaqat. Qachonki ul janob «Kulli nafsi zoiqatul mavt» mazmunicha dorulfanodin dorulbaqog‘a rihlat qildilar. Umuri hidoyat va muhofazatdin va millati xulafoyi roshidin alayhim ar-rizvonni vazifalari o‘ldi. Ul janoblar ham har qaysilari o‘z zamonlarida millat uchun chunon g‘ayrat va jasorat ko‘rsatdilarki, butun Fors va Turkiston balki, aksar Hindiston mamlakatlari bul janoblarning zamonlarida sharafi Islom birla musharraf bo‘ldi. Hammalari o‘zlarini millatg‘a qurbon qildilar. Bas, bul janoblarni noib va vorislari ulamoyi kirom va umaroyi zulehtiromlar o‘ldilar. Bul janoblarda ham yaqin zamonlarg‘acha o‘zlarig‘a lozim bo‘lg‘on vazifalarni adosida qusurlik ko‘rilmadi. Ammo bul zamondin yuz yildin ziyodroq muqaddam zamondin boshlab ohista-ohista millat devorining har tarafig‘a rahnalar paydo bo‘ldi. Munga sabab ulamo va umarolarimizning o‘z nafslarini rioyasida harakat qilmoqlari bo‘ldi. Podshoh va xonlarimiz bo‘lsa, millatg‘a qilg‘on xizmatlari tanho xotun olmoq va kuchuk urushtirmoq va beg‘ayrat va haqqoniyat dindor kishilarni badarg‘a qilmoq va tutub o‘ldirmoq bo‘ldi. Millat nima, shariat nima, bilmadilar va qaramadilar. Shuning uchun millat devorini rahnalari tobora ziyoda bo‘ldi. Bo‘zaxo‘rlik, qimorbozlik, bachchabozlik, bazm qilmoq va yalochi o‘ynatmoq, erkakni xotun qilmoq va xotunni erkak qilmoq, zino qilmoq, shikoyat qilmoq va bir-birlarini haqorat qilmoq, xususan, og‘izga haqorat qilmoqkim, kufri sarihdur va shularg‘a o‘xshash harom amallar o‘rtalarida chunon shoyi’ bo‘ldiki, haromlig‘i hech kimning dilidin xatir qilmadi. Bu ishlarni alhol bizlarning ota-bobolarimiz rasmlaridur, deb iste’mol qilmoqdadurlar, hattiki ba’zi mo‘yisafedlarimiz bizlar yigitlik vaqtimizda munday ishlarni qilar erduk va munday bazmlarni qilur erduk, bizlarning bachchalarimiz munday o‘yunchi erdi, qani ul bachchalar, zamona fosid bo‘ldi, yigitlar xotun bo‘ldi, deb o‘tgan zamonlarg‘a faxr va bu zamong‘a afsus va nadomat qilurlar. «Innolloha yag‘irmo ba qavmi yag‘ir mo ba nafsihum». Mazmunicha: oxirul amr bu af’oli qabihalarimizni sababidan mulk-mamlakatimiz tag‘ayyur va tabaddul bo‘lib, asir-u, xor-u zalil bo‘lduk. Vaqtiki hukumatdorlarimiz bizlarni bul tariqa g‘aflatda va jaholatda topdilar. Millatimiz devorining qolg‘on yerlarig‘a rahna solib, shariatimizni obodlig‘ina eng amada sabab bo‘ladurgon masjid va madrasa vaqflarini tavaqquf qilinib, qozilarimizning nomlarini «narodniy sudya» nom qo‘yilib, uch yuz so‘mdan vasiqa qilmoq qozilarimizdin olindi. Qozilarimiz hukmlarini polojeniyega muvofiq qilmoqqa majbur bo‘ldilar va soira-soira rahnalar paydo bo‘ldi. Ammo o‘z hukumatdorlarimizning ko‘zlarini g‘aflat chunon qoplamishki, hanuz o‘z nafslarining foydasini axtarmoqqa mashg‘uldirlar va ul foydadin millat va shariatg‘a xoh foyda o‘lsun, xoh zarar o‘lsun har bir harakatlaridin manfaati shaxsiyalari maqsuddir. Va har fikrlarida rioyani nafslari mavjuddir. Ulamolarimizda hukumat yo‘qki, millat devorini rahnalarini isloh qilsunlar va hukumatdorlarimizda g‘ayrat yo‘qki, bu islohda ulamolarimizg‘a yordam bersalar, alalxusus, har millat sohiblari o‘z huquqi milliya va maoliyalarini talabida hur va muxtor bo‘lg‘on bu zamonda va har viloyatda islohi mamlakat uchun majlis, mushovaralari qurulg‘on bu asrda bizning Toshkand shahrida islohi mamlakat xususida na bir ijtimo’imiz bor va na bir maslahatimiz bor va na huquqi diniya va dunyaviyamizni talabida bir ariza berduk va na davlat Dumasig‘a vakil saylamoq xayolimizg‘a kelur. Yolg‘on bo‘lmasun, mundin bir-ikki oy muqaddam ulamo va hukumatdorlarimizning g‘ayrat to-murlari harakatga kirib, o‘z huquqlarini talabida ariza bermoq uchun ikki-uch bor ijtimo’ qildilar. Afsuski, ul ijtimo’lari ham yolg‘uz palov va ziyofatxo‘rlik birla nafsoniyatdin iborat bir majlis bo‘ldi. Ariza bermoq munda tursun, arizani tartibig‘a ham ittifoq qila olmadilar. Chunki har kim o‘z manfaati shaxsiyasini mulohazasida so‘z so‘zladi. Qo‘rqurmanki, biz bechoralar shul g‘aflat va shul ixtilof va shul nafsoniyat soyasida hama mustafid bo‘lg‘on hurriyatning ne’matlaridin ham mahrum qolmasak deb. Agar shundan ham mahrum bo‘lsak, millatimizning devorig‘a solingan rahnalar tobora ziyoda bo‘lmog‘ida hech shubha yo‘qdir. Agar shul hol birla ketsak, tongla qiyomatda biz, ahli islomni qo‘llarimiz kimning yaqolarida bo‘lsa kerak. Biz fuqarolar, qo‘ydek musulmoniya, amaldorlarimiz cho‘pon misllik bo‘lib, tongla bizlarning ahvolimiz borasida mas’ul bo‘lsalar kerak. «Kullikum rao’ va kullikum mas’ul an raiyata», oramizda bo‘lgan rahnalarni islohi hukumatdorlarimizning quvvat va g‘ayratlari birla mumkindir. Loaqal shunga ham bir g‘ayrat qilmasalar, misola bu rahnalarni bir nechasi bachcha va yalochilarni o‘ynatmoqdurki, mundan muqaddam gazetlarda yozilib erdi va ul gazetalarni o‘qug‘on kishilar g‘ayrat va hamiyat qilishib, necha yerlarda bu ishlarni man’ig‘a fuqarolarni o‘zlari ko‘shish qilishlari, ammo yerlarda man’ig‘a muvofiq o‘lsalar ham ba’zi joylarda qo‘llarida hukumat bo‘lmag‘on vajhidin man’ qilmoqqa qodir bo‘lmadilar. Agar hukumatdorlarimiz bul ishlarda ulamo va fuqarolarga yordam berib bosh qo‘shsalar erdi, butun Turkiston viloyatidin bu ishlarni barham bermoq mumkin erdi. Bas, bu ishlarni to‘g‘risidin qiyomatda savol o‘lsa, kimning domanin tutarmiz. Ikkinchi do‘xtur masalasidurki, boqiyasi bor. O‘zbekistonda vaqf Faqat O‘zbekiston jumhuriyatida vaqf bor, boshqa yoqlarda yo‘kdek. O‘zbek xalqi o‘ziga ayrim katta bir jumhuriyat bo‘lib tuzilgandan keyin vaqf ishlari yana ham ahamiyat kasb etadir. Bosh vaqf idorasi vaqfni keng doirada idrok qilish uchun tuzgan loyihasi 15 dekabrgacha Inqilobqo‘m hay’at ra’iyasiga taqdim qilsa kerak. Bu loyiha Sho‘rolar Markaziy Ijroqo‘mi tomonidan ham tasdiq etiladir. Shu vaqtg‘acha ayrim bo‘lgan Buxoro, Xorazm jumhuriyatlaridagi vaqf mulklari juda sustlik bilan kelgan, ko‘p mulklar ro‘yxat qilinib, ro‘yxatga olish ham vaqf qaramog‘idagi eski-yangi maktablarni qanday hisoblash va boshqalar uchun Bosh vaqf idorasi tomonidan bir ta’limot yuborildi. Xorazm, Buxoro jumhuriyatlaridagi vaqf mulklari 1925 yil birinchi apreligacha ro‘yxat qilinub bo‘lg‘usidir. Milliy jumhuriyatlarga bo‘linish munosabati bilan O‘zbekiston jumhuriyati doirasidagi vaqf mulklaridan foydalanish Qozog‘iston, Qoraqirg‘izga o‘tib ketadir. Mana bu masala jumhuriyatlar tuzilib bitguncha idora qilish tegishli hukumat idoralarining qo‘lida bo‘ladir. Vaqf mulki bo‘libda hozirgacha boshqa hukumat idoralarining tasarrufida bo‘lgan joylar 25-yilning birinchi apreligacha Bosh vaqf idorasiga o‘tkazish uchun tegishli idoralar bilan chorasi ko‘rilur. Buxorodagi vaqf mulklari mamlakatning to‘rtindan birini, Xorazm vaqf mulklari mamlakatning uchdan birini tashkil etgani holda o‘shal jumhuriyat komxozlarining qo‘l ostida idora qilinib keladir, desak, xato bo‘lmas. (Bundan oz bir qismi vaqf idoralarida tasarruf qilinadur.) Vaqf yerlaridan dehqonlarga bo‘linib berilmagan bog‘lar, chorvoqlar bordirki, bular har kimlarning qo‘lida yotadir. Shularni Bosh vaqf idorasiga o‘tkazish chorasi ko‘rilmoqda va loyihalari tayyorlanmoqdadir. Bosh vaqf idorasi O‘zbekiston doirasidagi vaqf sarmoyalarini xususiy fondda saqlash harakatida. Bosh vaqf idorasining hozirg‘i sarmoyasi 700 ming so‘mdir, agarda mamlakat mulklari ro‘yxatga olinib bo‘lsa, vaqf daromadini o‘n martaba orttirish kutiladir. Hozir vaqf ta’minotida, Xorazm va Buxorodan tashqari, 85 boshlang‘ich maktab, 6638 o‘quvchi, 2—3 bosqich maktab, 400 o‘quvchi, 10 savodsizlar kursi, 6 ta’lim-tarbiya kursi bor. Bundan boshqa vaqf shefligida klub, qiroat-xona, xotin-qiz bilim yurti ham 25 stipendiya olg‘uvchi bor. Demak, Bosh vaqfning umumiy daromadidan 89 yarim prosenti ilmiy ishlarga sarf bo‘lib, qolgani idora ishchilariga ketadir. Bosh vaqf idorasi o‘zining keyingi planida ko‘rsatilgan ishlarni bajarib, butun vaqf mulklarini inventarga olsa, undan chiqodirg‘on daromadga qilinadurgan ishlar juda ko‘p. Buxoro va Xorazmda ta’lim-tarbiya kurslari ochish, yangi maktab binolari solish ham chetlarda o‘quvchi talabalarga ko‘prak yordam berish birinchi vazifalardandir. Shuning bilan birga daromad manbalarini ko‘payti-rib, buzilgan do‘kon, saroylarni tuzatish kerak. Qoralash yaxshi emas Toshkent okrug maorif xodimlari qurultoyida (1927 yil) so‘zlangan nutq Ma’ruzachining ta’biri bo‘yincha, bizning muallimlarimiz ichida maktab boshqa-yu, siyosat boshqa, deyadurg‘on kishilar bor emish. Maktab qaysi sinf qo‘lida bo‘lsa, shu maktablarda shu sinfning mafkurasi tarqaladi va ilgari suriladi. Bu gapga ko‘nmaganlarni yanglishg‘on, o‘jar kishilar, deb aytishga jasorat qilamiz. Jadidchilikka qanday baho berish to‘g‘risida quyidagi asoslarni keltiraman: jadid maktabi qay vaqtda va kimlar qo‘li bilan vujudga chiqdi? Mana buni tekshirish uchun 20 yil ilgariga qarash, albatta, lozim. Hozirgi paytda o‘rta ma’lumotga ega bo‘lgan kishilar Maskov va boshqa joylarga borib o‘qishni havas qilsa, avvallari savodi chiqqan (har) bir kishi Buxoro(ga) borib o‘qishni o‘zi uchun bir sharaf deb bilar edi. Chunki ular ilmni faqat dingina deb bilar edilar. Muhit ham shuni taqozo qilar edi. O‘sha vaqtning hukumati ham shu fikrni quvvatlamasa, unday emas. Jadid maktabini tashkil qilg‘onlar ham eski maktab, madrasa va qorixonalarning yetish-tirgan kishilari edi. Ular yolg‘iz Bog‘chasaroyda chiqadurgon Ismoil Gasprinskiyning gazetasini o‘qidilar va shu orqali maktabni yaxshi tushunib, kitoblar oldirar edi. Bularga baho yanglish va ortiqcha berilgan. Chunki o‘sha vaqtdagi jadid maktabiga ulamo, boy — hamma va hamma qarshi edi. Jadidlar sharoit ichinda(n) jasorat bilan chiqib ish boshlag‘on ekanlar, bularga beriladurgon baho ham shundan ortiq bo‘lmasligi lozim edi. Jadidlar shu maktabga yaxshi nazar bilan qaragon kishilarni o‘ziga do‘st ko‘rib, quchog‘iga tortar edi. Bularning boy, ruhoniy, savdogar bo‘lishidan qat’i nazar, sekin-sekin jadidlar do‘sti ko‘payib, turli guruhlardan iborat bir jadidlar to‘dasini tashkil qildi. In’omovni jadidlarni alohida sinf qilib ko‘rsatishi noma’qul gap. Jadidlar, palisaning qo‘rqinchi qattiq bo‘lsa ham, qiyinchiliklarni o‘z ustiga olib, gazet chiqordi va uni xalqqa tarqatdi. Jadidlarning eng azob tortgon davri Kerenskiy vaqti bo‘ldi. Kerenskiy vaqtida idoralarga ulamolar minib oldi. Maktabga yordam berish u yoqda tursin, (hatto) chor hukumati vaqtida berilib kelgan mohiyonalar ham berilmadi. To‘xtadi. Ulamolarning o‘sha vaqtdag‘i kuchga molik bo‘lg‘onlarini jadidlar dumaga 11 ta, ulamolardan 65 ta vakil saylanishi bilan isbot qilaman. Jadidlar o‘z ulamolari, boylariga qarshi rus sotsialistlari bilan birga qo‘lga-qo‘l berib ishladi. Qo‘qon muxtoriyatini rus mensheviklari tuzdi. Cho‘qayev unga juda yaqin edi. Ubaydulla Xo‘jayev, Nizomiddinlar muxtoriyatga qatnashdi. O‘sha vaqtda jadidlarning otasi bo‘lib hisoblangan men o‘zim loaqal «Millat majlisi»ga a’zo bo‘lib ham saylanmadim. Jadidlardan Qo‘qon muxtoriyatiga qisman aralashgon kishilar bo‘lsa ham, ko‘pchilik chetda turg‘on. Yana bir gap borki, jadidlar Oktyabr inqilobini yaxshi qarshi olmagan emishlar. Oktyabr inqilobini rus ishchilari qilganini hech yoshirib bo‘lmaydi. Biz ularning tayyorig‘a ayyor bo‘lib ishlay boshladik. Oktyabrdan keyin jadidlar Kerenskiy sikintisindan qutuldi. Maktablarni hukumatga berib, o‘zlari sho‘ro muassasalarida ishlay boshladilar. Oktyabr o‘zgarishiga jadidlar rahbarlik qildi, deyish ham, Oktyabrni ular yaxshi qarshi oldi, deyish ham xato gap. Jadidlar Oktyabr inqilobig‘a yomon qaragan bo‘lsalar edi, 20—21-yillargacha sho‘ro idoralarida ishlab kelmas edilar. 21-yildan boshlab jadidlar katta xato qildi. Turkkomissiya tomonidan qilingon harakatlarni mustamlakachilik, dedik. Haqiqatdan ular mustamlakachi ekan, ularga qarshi kurashmay, butun ishni tashlab, araz qilib, o‘zimizni chetga olishimiz katta xato bo‘lgan. Shu ishimizga pushaymon qilib, shu vaqtgacha ishlab kelsak ham, xizmatlarimiz xatomizni yuvib ketar darajaga bormaganga o‘xshaydi. Chor hukumatini yiqitish jadidlarning tilagida bor edi. Siyosiy vazifamiz va maqsadimiz ham shundan iborat bo‘lishi yashirin emas. Nainki biz jadid maktabi ochish bilan savdo xizmatchilari, boshqacha ta’bir bilan aytganda, do‘konda nasiya yozadurgon xodimlar yetkazsak. Shu ishga aklli odam shu bahoni berishda u yoq, bu yoqni mulohaza qilsin. Jadid maktabi ochishimizga siyosiy va madaniy kurashchilar tayyorlash bahosi berulmaganiga taassub bildira olmay o‘ta olmayman. Bu yerda shuni ham aytib o‘tish lozimki, o‘sha vaqtdagi jadid maktabini bitirib chyqqan ba’zi yigitlarimiz hozir mas’ul o‘rinlarda turadi. Jadidlar chor hukumatini yiqitib, Turkiya yoki Polshaga o‘xshash boylar hukumati tashkil qiladi, degan nazariyalar ham yo‘q emas edi. O‘sha vaqtda bir majlisda rus mustamlakachilari bilan kurashamiz, degan edim. Agar bordi-yu, rus o‘rtoqlar shu gapimga araz qilib «Ol, mamlakatingni, o‘zing idora qil!» desa, men ularning oyog‘iga yopishib, eng avval aytar edimki, biz siz bilan emas, sizning boyingiz, ulamoyingiz va mustamlakachilaringiz bilan kurashamiz, der edim. Jadidlarning sho‘ro hukumatiga do‘stligini quyidagi hujjatlar bilan isbot qilaman: yanvar’ inqilobida 12 soatlik hukumat bo‘ldi. Rostovskiy va Abdusafiyxonlar odam qidirish rejasini tuzdi. Shunda jadidlar qochib yotdi. Qachonki bolsheviklar g‘olib bo‘ldi, degan xabar eshitilgandan keyin chiqib, bolsheviklarga qarshi bo‘lg‘onlarni sud qilib, otib yuborildi. Biz xalqning ahvoli ruhiyasi bilan hisoblashib, yer islohoti, paranji masalalarini 30 yilsiz hal qila olmas edik. Bolsheviklar firqasi bu ishni o‘n yilda bajarib qo‘ydi, biz o‘sha vaqtda ziyoly deb ruslarning o‘rta va oliy maktablarida o‘qugon kishilarni aytar edik. Jadidlar bilan kommunistlarning hayoti bog‘langon edi. Bular o‘lsa o‘ladi, tirilsa tiriladi. O‘lguncha inqilobni himoya qilishga tayyor. Jadidlarning bir, ikkitasidan gunoh o‘tgan ekan, hammasini qoralash yaxshi emas. Sababi tartib Bolalarga o‘quv, yozuv bildirmak uchun usuli savtiyaning osonlig‘i necha yillik tajribalar ila ma’lum o‘ldig‘indan jumla islom viloyatlarining makotib va madrasalari bu usul ila tazyin va isloh etdiklari kabi 1319—1320 (milodiy 1902—1903) yillarda bizning Turkiston viloyatining ham ko‘p muallimlari bu usulni o‘z orzu va ixtiyorlari ila qabul etib, maktablarda bu usul ila ta’lim bermakka boshlamishlar edi. Lokin, taassufki, g‘ayratlik muallimlarimizning harakatlari uzoqqa bormadi. Tezdan bu usulni tark etib, eski usullarini foydalik topib, anga ruju’ etdilar. Bunga sabab na o‘ldi? Jumla makotibi islomiyag‘a yarag‘on usuli savtiya Turkiston maktablarina yaramadimi? Xayr, afandilarim, albatta, yarar edi. Balki bu usulning vositasi ila hanuzgacha Turkiston musulmonlari xiyli taraqqiy topar edilar. Muallimlarning bu ruju’larina sabab avvalo usuli savtiyaning nadan iborat ekonin bilmaganlari, soniyan Turkiston shevai turkiyasi ila tartib etilmish usuli jadida kitobchalarina molik o‘lmag‘onlari o‘ldi. Modomiki, bu sabablar mavjud ekan, muallim afandilarimiz ruju’larida haqli edilar. Chunki ul vaqtlarda Turkiston musulmonlarining gumonlaricha, usuli savtiya yolg‘iz Ibrohim Haqqiyning «Aqoid» manzumasi ila «O‘qu Qur’on yaxshilab» misrasini ko‘p zikr etgan totorcha bir tajvid manzumadan iborat o‘lub, hamma maktablarda, hatto ko‘chalarda turluk savtlar ila ul ikki risolani o‘qita boshlamishlar edi. Ul risolalar o‘z tillarida o‘lmadig‘indan ma’nosini bolalar tugul, muallimlarning o‘zlari ham durust bilmas edilar. Hol bo‘yla o‘lsa, usuli savtiyadan na foyda o‘lsun, albatta, oz muddatda xalkni ham, muallimlarni ham usuli savtiyadan ko‘ngillari qolib, usuli qadimiyaga qaytmaklari tabiiy, ham qaytdilar. Emdi esa, alhamdulilloh, ul zamonlar o‘tib, Turkiston musulmonlarini ul vaqtlarda damini ko‘rsatgan usuli savtiya bu vaqtlarda boshqa a’zolarini ham ko‘rsatmakka boshladi. Istanbuldan, Misrdan, Qozondan va har tarafdan muqtadir muallimlar kelib, ohista-ohista har yerdan maktab ochmakka, Turkiston muallimlarina usuli savtiya nadan iborat ekonin imtihonlar vositasi ila bildurmakka boshladilar. Turkiston muallimlari ham usuli savtiya bolalarig‘a harflarning ovozlari ila tanitmoq, o‘qulg‘on so‘zlarni yozdirib, ma’nosini bildirmak, Bedil, Xo‘ja Hofizlar kabi forsiy va mushkul kitoblarning badalig‘a e’tiqod, imlo, husnixat, ilmi hol, hisob, tarixi islom, jo‘g‘rofiya, handasa, hay’at va soirlar kabi diniy va dunyoviy ilmlarni har kimning o‘z tilida yozilmish kitoblardan o‘qitib bildirmakdan iborat ekonin bilib, har birlarining ko‘ngillarig‘a usuli savtiyani qaytadan qabul etmak fikri tushdi. Lekin na qilsunlar, bu etilmish ishlarning hech birina doir o‘z tillarida yozilmish kitoblari yo‘q. Istanbulcha, totorcha yozilg‘on kitoblardan esa o‘z tillarini durust bilmagan yosh bolalarga bir narsani bildirmak mumkin emas darajada mashaqqatdur. Emdi Turkiston maktablarina usuli savtiyaning umuman joriy bo‘lmog‘onida bir man’i bor esa, ul ham kitobsizliqdir. Chunki faqir usuli jadida tarafchisi o‘ldig‘indan ko‘ringan muallimni usuli jadida taklif etmakda va alardan «O‘z til va xatimizda kitob yo‘q, totorcha kitoblarni o‘zimiz bilmaymiz, bilsamiz ham, bolalarg‘a bildira olmaymiz», javoblari ila alzom etilmakda o‘ldig‘im kabi o‘zim ham besh yildan beri kitobsizlik mehnatini chekmakda, bolalarga o‘qitgan narsalarimni alifbog‘a qadar Turkiston tili va xatig‘a tarjima qilib, yozib o‘tmakdaman. Modomiki, hol bo‘yla ekan, Turkiston muharrirlari hanuzgacha usuli jadida kitoblarini tahrir va tarjimasini shuru’ etmaganlari faqir qalam ojizonasini, garchi holig‘a nomunosib o‘lsa ham, oli qadar alhol usuli jadida kitobchalarini tahrir va tarjimasini mahsur va majbur etdi. Har ishni alifbosidan, ya’ni avvalidan boshlab qilmak qonuni adabdan o‘ldig‘i uchun tahrir etgon kitobchalarimni boshlab alifbosini, ya’ni bu «Adibi avval»ni bostirib hurmatlu muharrir va muallimlarimizni intizori oliyalarina taqdim etmagim ila barobar rijo qilurmizki, manim bu kitobchamni nazari diqqat ila boqub, ko‘ringon nuqsonlarindan usuli savtiyag‘a xilof o‘lg‘on yoki bolalarg‘a bildurmaki mushkul o‘lg‘on yerlaridan faqirni ogoh qilmak ila yordam bersalar, shoyadki 2-chi tab’ikim benuqsonroq o‘lurdi. Vassalom. Toshkandda musulmon jamiyati Toshkandda bundan to‘rt sana muqaddam ochilmish bir musulmon «Jamiyati xayriya» vor. Bu jamiyat boshida yoshlarning sa’y va ijtihodi ila ochilgan bo‘lsa ham, ba’zi sabablara mubanniy Toshkand ag‘niyolarina topshirilmish va shul zamong‘acha yoshlardan faqat bir-ikki kishining tahrik va ishtirokila boylar tarafidan idora qilinmoqda edi. Jamiyat ag‘niyoi kirom qo‘llarida o‘z sha’nig‘a munosib zo‘r ishlay olmagan bo‘lsa ham, moddiy jihatdan hiyli quvvatlandi. Yetti ming so‘mdan ziyoda sarmoyaga molik bo‘ldi. Har yili ikki-uch martaba umumiy majlis va o‘n-o‘n ikki martaba idora majlislari yasab, a’zolardan pul yig‘di. Ariza berib, iona so‘rovchi besh-o‘n (nafar) faqir va ojizlara yordam berib turdi. Ag‘niyoi kirom jamiyatdan o‘z yordam va ionalarin darig‘ tutmadilar. Buning isboti uchun Toshkand ag‘niyolaridan hurmatluk Orifxo‘ja eshon janoblarini o‘tgan yil jamiyatga birdan ming so‘m iona berganlarin va shaharning o‘rtasidan bir hovlilarini «Dorul ojizin» uchun in’om qilg‘anlarin zikr etmak kofi o‘lsa kerak. Lekin olti-etti milyon musulmonli Turkistonning markazi o‘lan Toshkandda ochilmish bir musulmon jamiyatining juz’iy (mayda) ishlar ilangina qanoat etub turmog‘idan Toshkand yoshlari har vaqt siqiladurlar va sanaviy hisobnoma va sarfnomalarini g‘azetalarda yozub, nashr etmakdan uyolurlar edi, binoanalayh, Toshkand jamiyati xalq ham hukumat nominda butunlay e’tibordan tushmish va o‘lmakka mahkum, og‘ir bir xastalikka duchor o‘lmish kabi edi. Jamiyatning eski obro‘sin qaytarmak va uyqudan uyg‘atmak uchun birdan-bir chora idora ishlarini butunlay yoshlar qo‘lina bermak, loaqal idora a’zolarining aksarini yoshlardan saylamak fikri takror-takror talqin o‘linsa ham, bunga e’tibor etuvchi oz edi, balki «Jamiyat yoshlar qo‘lina berilsa, yig‘ilgan pullarni sarf qilib tamom qilurlar, o‘zlari pul yig‘olmay, shuning ila jamiyat bepul bo‘lib yopilur», deyuchilar ko‘proqtopilur edi. Yoshlar esa jamiyatdan hamon umid uzmiylar, eng og‘ir ishlarni ishliylar va har yili bir-ikki martaba qo‘zg‘atib, umumiy majlislar va saylovlar qilib va o‘zlaridan ko‘proq kishi o‘tkarmakka muloyimona harakatlarda bo‘linalar edi, lekin kelajakda ag‘niyolarning iona va himmatlari jamiyat uchun birinchi darajada lozim o‘ldig‘ini e’tiborga olib, onlarg‘a qarshu jiddiy harakatlardan mumkin qadar saqlanar edilar. Yoshlarning bu sovuqqonlik va sabrliklari bu sana yaxshi natijalar berdi. Boylarning o‘zlari ittifoq qilib, o‘z oralaridan faqat bir rais va mashvarat a’zosi verib, boshqa a’zolarning barchasin yoshlardan sayladilar, yoshlar har ishda boylar ila mashvarat qilib turmakni, boylar ham har vaqt qo‘llaridan kelgan yordam va ionalarini darig‘ tutmaslikni bir-birlarina va’da qilishib, qo‘lga-qo‘l berishib, ittifoq ila ishga tutindilar. Bu ittifoqning natijasi o‘lsa kerakki, Toshkand jamiyati bu yil butunlay boshqa tusga kirdi. Uyqudan uyg‘onib, ko‘zlarin uqalab, atrofga nazar sola boshladi. Qonunida zikr etilgan moddalardan birin-birin foydalanmakka shuru’ qildi, boshlab bir necha yildan beri qaror berilubda ochilmay yotgan «Dorul ojizin»ni rasman ochub, bir necha miskin va ojizlarni tarbiyaga oldi. Bir necha maktab va madrasalarga yuz so‘m va ikki yuz so‘mlab ionalar berdi. Bir necha beva va bechoralarga oylik ionalar vermakda va oltmish qadar faqir va qashshoq bolalarni turli maktablarda o‘qitub tarbiya qilib turmakdadir. Jamiyatning yangi a’zolari bunday sarf ilagina qanoatlanmadi, balki moliya jihatini qutlamak uchun a’zolarning yilda beradurgon olti shar so‘m sadaqalari kifoya qilmasligini bilib, pul topmakka ham yangi yo‘llar izladi, boshlab «Gramofun obshestvo»sila so‘ylashib, har bir plastinkadan o‘n tiyin olmoq shartila bir necha hofizlarni va o‘z tarbiyasidagi maktab shogirdlarining tovu-shin sotdi, bundan faqat shu yil ichindagina loaqal ikki ming so‘m kirsa kerakdur. Uchinchi yo‘lda shahar bog‘ining yozlik teatrusida bir martaba ispektakl qo‘yib, olti yuz so‘mga yaqin foyda qildi. Buning ustiga, ushbu avgustning 8-kuni ramazon munosabatila Shayx Xovandi Tahur bog‘ida bir martaba «Tomosha kechasi» yasadi, ushbu tomosha kechasining daromad va buromadi ushbu tariqa bo‘ldi: Sotilgan biletlardan 1387 so‘m 54 tiyin. Choyxonadan doxil 59 so‘m 42 tiyin. Ja’mi daromad 1446 so‘m 96 tiyin. Masorifi bilet markasi 126 so‘m 14 tiyin. Boshqa masoriflar 233 so‘m 65 tiyin. Ja’mi masorif 359 so‘m 79 tiyin. Jamiyatga qolgan xos foyda 1087 so‘m 17 tiyin. Musulmonlar tarafindan birinchi martaba yasalgan ushbu tomosha kechasindan buncha foyda o‘z-o‘zidan chiqmadi, balki buning uchun Toshkand yoshlarining ko‘p g‘ayrat va ijtihodlari ham charchamay va hech kimning shikoyat va haqoratiga quloq solmay qilgan sa’y va harakatlari o‘ldi. Bu tomoshalar jamiyatga faqat moddiy jihatdangina foyda kelturub qolmay, balki ma’naviy jihatdan ham ko‘p foydalar kelturdi. Toshkand jamiyatining ismini unutgan yoki hech bir jamiyat degan so‘zni eshitmagan Toshkand musulmonlarining yetti yasharidan yetmish yasharigacha jamiyatning vujudidan xabardor bo‘ldi, rus, yahudiy va armanilar foydalanib yurgan o‘rinlardan foydalanmak musulmonlarga ham mumkin ekanligi ochiq bilindi, bu esa Toshkand musulmonlarining hiyli ruhlari ko‘tarilmog‘iga va jamiyatga muhabbat ila qaramoqlariga sabab o‘ldi, shul sababli ushbu tomoshalarni boshqargan yoshlarga va bularga yordam berib turgan shahar politsiyameystrina jamiyat a’zosi chin ko‘nguldan tashakkur etadur va kelajaqda yana shunday xizmatlarda bo‘linib, xalq va jamiyatga foyda yetkurodurgon yosh yigitlarimizning amsollarin ko‘paytirmakni janobi Haqdin istido’ qiladur. Jamiyat raisi muovini: Munavvar qori Turkiston sho‘rolar jumhuriyatidagi maorifparvar yoshlarga xitob Bir vaqtlar chor hukumati va uning xoin missionerlari qo‘l ostida juda og‘ir hollar kechirgan Turkiston maorifparvarlari, sho‘rolar hukumati davrida xiyla keng plan va g‘oyalar bilan ishga kirishgan edilar: besh yil inqilob davrining avvalgi yillarida maorif ishlarimiz g‘oyat yorug‘ va zo‘r umidlik bir holga kira boshlagan va bu yo‘lda asosli bir zamin hozirlana boshlagan chog‘da maorif birdan turg‘unlik va tushkunlikka yo‘liqib qoldi. Buning sabablari juda ko‘p bo‘lsa ham, kattaroqlari — maorif ishlarida ko‘rpaga qarab oyog‘ uzatmaganimiz, maorif ahllarining xalqdan uzoqlashganliklari, maorif ishlarida Turkiston xalqining Ovrupo gazi bilan o‘lchaganligi, kilo kabi xususiy va fanniy ravishda hal etiladigan masalalarda Turkiston yoshlarining o‘zaro ixtilof qilib, har turli araz va sitezlar bilan bir qadar vaqt maorif ishlaridan chekkaga chiqqanliklari va, bularning ustiga, Samarqand va Farg‘onada besh yildan beri davom etib kelgan «bosmachilik harakatlari»dir. Buning ustiga, yangi iqgisod siyosati orqasida ko‘p maktablarimizning ta’minoti mahallalardagi mablag‘larga va mahalliy xalqning o‘z erkiga qoldiriddi. Bu haqiqatlarni ko‘ra va bila turib shu yuqoridagi sabablar bilan kurashmasak va o‘zaro janjallarimizni bir tarafga tashlab qo‘yib, qo‘l-qo‘lga berishib, butun tish va tirnog‘imiz bilan maorifga yopishmasak, Turkiston maorifi o‘ldi va Turkistonning porloq kelajagidan umid uzuldi, demakdir. Chunki, Turkistonning porloq kelgusi, balki hayoti va qo‘rqinchli qorong‘iliqdan qutulishi faqat maorifgagina bog‘liqdir. Turkiston xalqi maorif va ma’naviyat narvonining birinchi poyasiga endigina qadam bosdi. Bu to‘g‘rida hali qilinadigan xizmatlar juda ko‘p, ko‘zlangan maqsad juda uzoqdir. Moddiy va ma’naviy tomondan ishlanmagan ishlarning hali mingdan biri ham ishlangan emas. Maorif va madaniyat yo‘lida hali bizning tilimizga olinmagan, balki, xayolimizga ham kelmagan buyuk xizmatlar va yechilmagan masalalar bor — fanniy va ilmiy tadqiqot va mubohasalar bir tomonda tursin, ibtidoiy maktablarni bir yo‘lga qo‘yish uchun ham kerakli choralarni hanuz topa olganimiz yo‘q. Til va adabiyot masalasida esa, haligacha uning boshlag‘ichi bo‘lgan yozuv va imlo to‘g‘risida asosli bir yo‘l topolmasdan, turlimiz turli tomonga tortishib, ko‘zlangan maqsaddan chekkaga chiqib ketdik. Shu sanalgan kamchiliklarni qancha og‘ir bo‘lsa bo‘lsin, iqror qilmoq bilan birga biz, Turkiston maorif xodimlari, ustimizga tushgan g‘oyat muhim va mas’uliyatli vazifalarni — qancha og‘ir bo‘lsa-bo‘lsin, komil sabot va matonat, ulug‘ qahramonlik va olijanoblik bi-lan iyfo qilishimiz lozim, buni inkor qilib bo‘lmas. Mana shu hollarni e’tiborga olib, Toshkentning butun o‘zbek maorifparvar yoshlari va mas’ul maorif-madaniyat ishchilarining umumiy yig‘ini.Turkistonda maorif ishlarining susayishi va maorif xodimlari orasidagi janjallarning sabablarini yaxshi anglab bilmakni lozim topib, shunga maxsus bir hay’at sayladi. Bu hay’atning bir necha kunlik faoliyati natijasida maorif ishchilari orasidagi butun anglashmovchiliklarning bartaraf qilinganligi to‘g‘risida o‘zaro birlik yasalib va ahdnomalar tuzuldi. Maorif ishlarimizning eng og‘ir va buhronlik bir vaqtida shu ishni pastlash va yo‘qolishdan qutqarib qolmoq uchun birlashgan Toshkent o‘zbek maorif-madaniyat xodimlari, butun o‘lkadagi maorifparvar o‘zbek shovvozlari shu birlashmani samimiy bir tantana bilan e’lon qilmoq barobarida, ularga quyidagi takliflarni qiladi: 1) Butun o‘lkadagi o‘zbek maorif-madaniyat xodimlari o‘z oralaridagi barcha janjal va bitishmasliklarni tashlab, qo‘l-qo‘lga berilib, maorifning yuksalishi uchun ortiq darajada zo‘r g‘ayrat bilan ishlasinlar. 2) Xalqni maorifga va maorifni xalqqa yaqinlashtirmoq uchun qo‘llaridan kelgan har bir choraga kirishsinlar. 3) Samarqand va Farg‘onada xalqning butun xo‘jalik ishlarini va buning orqasida maorif ishlarining barbod bo‘lishig‘a sabab bo‘lgan bosmachilik bilan kurashish ishida bor kuchlari bilan hukumatga yordam bersinlar. 4) Turkiston o‘zbeklarning maorif va madaniyat ishlarini to‘g‘ri bir yo‘lga qo‘ymoq uchun Toshkentda «Nashri maorif» isminda bir jamiyat ochish harakatiga kirishildi. Shu jamiyat rasmiylashgandan so‘ng matbuotda e’lon qilinishi bilan darhol shu jamiyatning har yerda sho‘balarini ochishga kirishsinlar. Yerli xalqning maorif ishlarida bizda muttahidi front tashkil etilmoqdadir. Shunga yaqindan aralashmoq va umumiy dushmanimiz bo‘lg‘on jaholat bilan kurashmakka barcha o‘zbek maorif-madaniyat xodimlarini da’vat qilamiz. Munavvar qori Abdurashidxonov Mannon Ramz Shokirjon Rahimiy Zahiriddin a’lam Elbek Shahid Eson Salimxon Tillaxonov Hamid Sulaymon Xolmuhammad Oxundiy Majid Qodiriy. Turkistonda vaqf ishlari Turkistonda hozirg‘acha ma’lum bir yo‘lga qo‘yilmagan chatoq ishlardan biri vaqf ishlaridir. Inqilobdan beri vaqf ishlari uchun yuzlarcha komissiyalar tuzildi. Turluk loyihalar yasaldi. Lekin kutilgan bir natija chiqmadi. Keyingi vaqtlarda vaqflarni xalq qo‘liga berish siyosati maydonga chiqdi. Buning uchun TurkSIK tomonidan bir loyiha tuzilib, qozi va mudarris qurultoyidan ham o‘tkazildi. Samarqand, Farg‘ona oblastlarida vaqf sho‘rolari tuzilib, ishga ham kirishdi. Sirdaryo oblastida ham mundan bir oy muqaddam turluk tashkilotlar tarafidan vaqf sho‘rosi uchun vakillar saylanib tegishlik o‘rtoqlarga topshirildi. Eski shahar ijroqo‘mida saylov qarornomalari oylab yotgandan so‘ngra tasdiq qilinub, muzofot ijroqo‘miga topshirganligi eshitiladir. Har holda u yerda ham yota-yota zerikgach, undan ham tasdiq qilinub, Sirdaryomizda ham vaqf sho‘rosi ishga kirishsa kerak. Vaqf sho‘rolari ishga kirishgan bilangina kutilgan natija chiqarmi, yo‘qmi? Unisini kelgusi ko‘rsatur. Yolg‘uz hozirgacha vaqf ishlarini bu tariqa chatoq holda qoldirib kelgan ko‘p sabablarning eng kattasi vaqflarni sarf va boshqarish to‘g‘risidagi fikrlarning turlikligidir. Bir-biriga tamom teskari bo‘lgan bu fikrlar birlashmagan taqdirda vaqf ishlari tag‘in chuvolur. Har kim har tomonga qarab tortar, urishilur, so‘kishilur, natijada takror vaqflarning tog‘ kabi madrasalar bino qilishdan va ulardagi o‘quvchi va o‘qituvchilarning ta’minoti uchun qoldirgan millionlarcha vaqflaridan kutgan maqsad-muqaddaslari shu choqg‘acha bo‘lib kelganidek poymol bo‘lur. Bunchalik vaqflar, bunchalik madrasalardan xalqning maorif va madaniyati nomiga foydalanish mumkin bo‘lmas. Boshqa mutaraqqiy islom mamlakatlarida ko‘pdan buni tushunib, bu to‘g‘ridagi ixtilofi afkorni oradan ko‘targanlar, vaqf ishlarini ma’lum bir yo‘lg‘a qo‘yib, maorif byudjetining buyuk bir qismini vaqfdan keragicha istifoda qilmoq, vaqflarning ruhlarini shodlantirmoq bo‘lsak, avvalo bu to‘g‘ridagi ixtiloflarni bir yog‘liq qilib, fikrlarni birlashtirishimiz kerakdir. Vaqf ishlari to‘g‘risida inqilobdan beri boshlucha to‘rt fikr rol o‘ynab keldi: 1-hasadchilar, 2-tafritchilar, 3-ifrotchilar, 4-mo‘tadillar fikri. Hasadchilar kimlar? Ma’lumki, Turkiston vaqflari musulmonlar tarafidan din, maorif va madaniyatlari uchun taxsis etilub, qoldirilg‘on xos va xolis sarmoya’i milliyalaridir. Boshqa millatlar qatorida umumiy maorif-sarmoyasidan foydalanish ustiga o‘zlarining ushbu milliy sarmoyalarini ham yaxshi bir yo‘lga qo‘ya olmaslar, ehtimolki, tez ko‘tarilib (taraqqiy qilib) o‘zlarini mustamlakachilar qullig‘idan qutqarsalar. Yerlik xalqning doimo jaholatda qolub, qul bo‘lib turishlarini istagan mustam-lakachilar, albatta, buni ko‘rolmaydurlar. Hasad qilurlar. Shuning uchun qaysi yo‘l bilan bo‘lsa-bo‘lsun vaqflarni yo butunlay xazinaga olmoq va yo hech bir yaxshi yo‘lg‘a kirishga yo‘l bermasdan, hamisha chatoq bir holda qoldirish harakatida bo‘lurlar. Vaqf ishlari durust yo‘lg‘a kira boshladimi, darrov bir chatoq chiqorib, ishni buzadilar. Bu jinoyatni to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘zlari qilmasdan, yerliklardan bir necha aldangan yoki sotilgan kishilar topib, ular vositasi bilan ishlaydilar-da, lablarini yalab, «erlik ishchilarning o‘zlari shunday istaydirlar», deb ko‘zlarini lo‘q qilib qarab tura beradirlar, juda bo‘lmagan taqdirda otini «Sharq siyosati» qo‘yib, vaqflarni podshoh zamonasining butun mullolarni o‘z ixtiyorlariga qoldirish fikrini quvvatlaydirlar. Bundan maqsadlari esa bir oz vaqt shunday qoldirib, zamoni kelganda: «Qachongacha mullolar vaqfni o‘rinsiz yeb yotadirlar, buni xazinaga olmoq kerak», degan bir fikrni quvvatlab o‘tkarishdir. Mana bu firqani biz hasadchilar, mustamlakachilar, deb ta’bir etamiz. Inqilobdan beri vaqf ishlari shul firqaning habis fikrlariga qurbon bo‘lib keldi. Keyingi, TurkSIK loyihasi ila shoyad bu firqaning fikriga ehtimom berilgan bo‘lur, deb umidlanamiz. Tafritchilar kimlar? XIX asrning boshlaridan to Rusiya inqilobigacha bo‘lgan bir muddatda Turkiston madrasalarining tarixini va bundan bo‘lgan ta’lim-tadris yo‘llarini, vaqflarda bo‘lgan suiiste’mollarini va yetish-tirgan shogirdlarini bir daraja nazardan kechirilsa, ko‘nglida andak milliy va diniy his bo‘lgan har kishining ko‘zidan beixtiyor yosh oqadir. Bu xususda hozirgacha ko‘p yozildi, so‘zlandi, takror tafsillab o‘ltirmakni luzumi yo‘q, faqat shunigina aytish mumkinki, so‘ng asrlarda ko‘p madrasalarimiz diniy va dunyoviy ulamolardan tamom tozalanib, xolis ilmsizlar yetkuzaturgan bir tanbalxona holiga kelgan edi. O‘tganda Buali, Forobiy, Taftazoniy kabi hakimlar va olimlar yetishdirgan Turkiston madrasalari keyingi kunlarda tuzukroqbir mudarris yoxud imom ham yetishtira olmayturgan bir holga tushgan edi. Hozirda mavjud ba’zi durustroq mudarris va imomlarimiz ersa madrasalarning tartibliligi soyasida emas, madrasalarning tartib va qonuniy xorijda o‘zlarining qilg‘on xususiy tashabbus va g‘ayratlari orqasidagina favqulodda zakolari soyasidagina yetishgandirlar. Vaqf to‘g‘risida shunday bir fikr borki, vaqflarni ilgaridek har bir madrasaning o‘ziga berib va har bir madrasaga ikki-uch mudarris belgilab, ularning shogirdlari bo‘lsun-bo‘lmasun, madrasa vaqfini bohuzur yeb yotishlariga pul berilsun emish. Shunday bo‘lg‘on taqdirda tadrijan shogird ham yig‘ilar emish hamda vaqfning shartiga va sharoitiga muvofiqbo‘lar emish, qisqasi, Nikolay zamonida madrasalar va vaqflar qanday idora qilingan bo‘lsa va nimalar o‘qitilgan bo‘lsa, hozirda ham shunday bo‘lsun emish. Isloh-mislohdan hech bir og‘iz ochilmasun emish. Bu fikrning boshida turuvchilar har kimga ma’lum, biz bularni tafritchilar va infishochilar, zamondan xabarsiz, xalqni qorong‘uda qoldirg‘uvchilar, deymiz. Hasadchilar ila tafritchilar ba’zi moddalarda birlashib ham ketarlar. Faqat hasadchilar bilib va tafritchilar aldanib birlashurlar. Ifrotchilar kimlar? Hasadchilarning siyosati habisasiga tushungan va tafritchilarning jaholat va taassubidan kuyganlardan bir fikr kelib chiqodurki, bular «Qo‘y, bu madrasalaringdan va bu mullolaringdan hech bir umid yo‘q. Modomiki, vaqflar o‘z ixtiyorimizga berildi, xalq nazariga bir necha madrasalarni liqillatib qo‘yaylik-da, vaqf badallari ila bir necha ibtidoiy maktablarni tarbiya qiloylik. Bizning hayotimiz va najotimiz shul maktablarg‘a bog‘likdir, eskini har qancha yamasang-da, eski, eskini yamab ovora bo‘lub o‘tirgandan ko‘ra, butun tashlab, yangisining harakatida bo‘lgan yaxshi, deydirlar. Biz bularni ifrotchilar, uzoqni ko‘ra olmag‘uchilar, yangi qilib beraman deb uhdasidan chiqolmay, xalqni eskidan ham mahrum etib, yalang‘och qoldiruvchilar, deb ta’bir etamiz. Mo‘tadillar kimlar? Bu haqda kelar sonda. Xitobnoma O‘LKA MAORIF KOMISSARIATI TARAFIDAN: Musulmon maktablarida din darslari O‘tkan 1918 yil 4 noyabrda Maorif komissariati tarafindan chiqarilg‘on 38 raqamli buyruqning 6-moddasinda musulmon maktablarida din darslari o‘qitmoq to‘g‘risinda tubandag‘i so‘zlar yozilg‘on edi: «Musulmon xalqi o‘rtasindag‘i taraqqiyotning ozlig‘in va unlar orasindag‘i taassub va qoraliqlarni e’tiborg‘a olib, din darslari to‘g‘risinda musulmon maktablarig‘a istisno qilinur, ham musulmon maktablaridan shogirdlarig‘a (imomlar tarafindan o‘qitilmoq sharti ila) tahorat va shunga o‘xshash muhimroq havoyiji diniyalarin o‘rgatmakka muallimlarg‘a ixtiyor berildi». Butun Turkiston jumhuriyatindag‘i yerlik maktablarda din darslarini o‘qituv va maktabda ibodatlar qildiruv man’ qiling‘on holda, yolg‘uz musulmonlar uchun istisno tariqida din darslarini bermoqg‘a ruxsat etilub, chiqorilg‘on mazkur buyruq yo xalq orasiga tamom tarqalmagan va yoxud tarqalg‘an bo‘lsa ham, muxtasar bo‘lg‘onlig‘i uchun mazmuni yaxshi anglashilmag‘on. Binoanalayh, xalq orasinda yerlik maktablarg‘a muhabbat va rag‘bat o‘rnig‘a nafrat paydo bo‘lib, go‘yo yerlik maktablarda din darslari o‘qitilmaydir, shubhasila ko‘p kishilar bolalarini olib, eski maktablarg‘a berg‘onliklari va ba’zi o‘rinlarda yerlik maktablarni ochmoqqa xalqning mamoni’at ko‘rsatganligi va bolalarin maktablarg‘a bermag‘onliklari eshitiladur. Holbuki, yuqorida yozilg‘on buyruq musulmon maktablarinda din darslari o‘qutmoqqa komil ixtiyor beradur. Misola, buyrukda «Tahorat va shunga o‘xshash muhimroq havoyiji diniyalarin» deyilganki, muhimroq havoyiji diniya orasina namoz, ro‘za, haj, zakot, e’tiqodot, axloq va odob mamoshirat va mukammal suratda Qur’oni karim va shunlarg‘a o‘xshash zaruriyoti diniyaning har biri kerakdur. Buyruqda man’ qilingan bir narsa bor bo‘lsa, ul ham imomlar tomonidan o‘qitilmog‘idur. Holbuki, Rusiya maktablarida din darslarin har vaqt po‘plar yurib o‘qitganlar. Musulmon maktablarida esa din darslarin shul vaqtgacha imomlar yurib o‘qitmasdan, faqat maktab muallimlarining o‘zlari o‘qitg‘onlar, shul sababli ul shart musulmon maktablarida din darslarini mukammal suratda o‘qitmoqqa hech bir xalal keltirmaydir. Ibodat masalasig‘a kelg‘onda, musulmonlar uchun har yerda mu’bad va masjiddir. Musulmon bolalarin ibodatdin hech kim man’ qilg‘oni yo‘q, ular tilag‘an o‘rinlarida muallimlari boshliq tilag‘anlaricha ibodat qila bilurlar. Musulmon maktablarida din darslari o‘qitmoq to‘g‘risidag‘i buyruqni bu tariqa tafsil bermak ila buni ham ilova qilinurki, yerlik maktablarida din darslari o‘qitmoq uchun muallimlarg‘a komil ixtiyor berilgan. Bu ixtiyordin foydalanib, har bir muallim o‘zining dars jadvalig‘a loaqal haftada uch-to‘rt soat din darslari kiritub (boshqa fanlarning soatiga zarar yetkurmaslik sharti ila), ul soatlarni ibodat, e’tiqodiyot, Qur’on va axloq kabi qismlarga bo‘lib o‘qitmoqqa vijdonan majbur o‘lsa kerak. Hozirg‘acha ba’zi maktablarda din darslari berilmas ekan, ish hukumat nuqsonidan emas, balki muallimlarning nuqsonlari va buyruqdan xabarsizliklaridan. Bu xususda qo‘l ostilaridag‘i muallimlarg‘a tegishli buyruq va ma’lumotni bermoq va din darslari uchun mufassal prog‘ramlar tuzib e’lon etmak mahalliy maorif sho‘balari huzuridag‘i turk sho‘balarining vazifalaridir. Eski maktablarg‘a kelsak, ularda na ilm-bilim bor va na din bor. Balki yosh bolalarning ruhoniy va ham jismoniy jihatdan xarob etilib yotgan tanbalxonalardir. Binoanalayh, unday zararli maktablari yetarlik yoki maktablar ochilg‘on har bir o‘rinda yopar. Daromadlarning tekisroqlarini ijtimoiy ta’minotg‘a yozib, maishatlarin undan ta’min etdirmoq, yoshroqlarin ta’lim va tarbiya kurslarida bir oz o‘qitib, yangi maktablarg‘a muallim o‘laroq o‘rnashtirmoq lozimdur. Ammo yolg‘iz Qur’oni karimni hifz etdirmoq maqsadi ila davom etub turg‘on qorixonalar (boshlarida muqtadir qorilar turmoq shartila) yoyilmasdan, avvalgi hollarida davom etmaklari mumkindur. O‘lka Maorif komissari: Muhammadamin Afandizoda Turk sho‘basi mudiri: Munavvar qori «Nashri maorif» uyushmasining ahamiyati Madaniy mamlakatlarning har birida maorif-madaniyat ishlarini odatdan xalq o‘zi olib boradur. Hukumat esa yolg‘iz rahbarlik va yordamchilik vazifalarinigina ado etib turadir. Shul sabablik ongli millatlar o‘zaro ilmiy, fanniy, adabiy va ijtimoiy uyushmalar va «Nashri maorif» jamiyatlari tuzub, hukumatlarining rahbarlik va millatlarining yordami orqasida xalqni maorif va madaniyat jihatlardan yuqori ko‘tarilishiga, oqartirilishiga xizmat va harakat qilurlar. Dunyoning eng madaniy mamlakatlariga nazar solsak, unda maorif va madaniyat ishlarini hukumat ustallaridan ko‘ra ko‘proq jamoat ustallarida, maorif nazoratidan ko‘proq «Nashri maorif» uyushmalarida ishlanganligini ko‘ramiz. Hukumat arboblarining ham ko‘brog‘i maxsus soatlarda hukumat kabinetlarida rasmiy vazifalarini ado etganlaridan so‘ngra qolg‘on bo‘sh vaqtlarida jamoat kabinetlarida o‘ltirib, xalqning taraqqiy va taoliysi, maorif va madaniyatining yo‘lida vijdoniy vazifalarini ado etadurlar. Bularning xizmatlari, harakatlari o‘z xalq va millatlarining madaniy darajasiga, ahvoli ruhiyasiga muvofiq bir suratda bo‘lg‘onlig‘i uchun, tabiiy, afkor omma, xalq va millat bularga yordam berar va orqalaridan ergashar. Mana bu yo‘llar bilan bugun Ovrupo va Amriqo xalqlari havoda uchar, dengiz ostida suzar, dunyoning eng narigi bo‘laklari bilan vositasiz xabarlashar bir holg‘a, bir madaniyatga yetishdilar. Endi o‘z holimiz va o‘z tariximizga boqsak, bir vaqtlar Ovrupo vahshiy ekan, biz madaniy edik, Ovrupo poposlari «Osiyo osmonig‘a jisman uchdimi, ruhan uchdimi?» kabi diniy nizolar bilan bir-birlarini bo‘g‘ushar ekanlar, usmonli turklari Istanbulni fath etmoq, Turkiston turklari madrasa va rasadxonalar bino qilmoq kabi madaniy ishlar bilan mashg‘ul edilar. So‘ngralari Ovrupo xalqi maorif va madaniyat yo‘lida ishladi, bu holg‘o yetishdi; biz tushdik, uxladik, bu holg‘a yetushduk. Bugungacha Ovrupo xalqi osmong‘a uchar ekan, bizda soch va soqol nizolari, ovrupolilar dengiz ostida suzar ekan, bizda uzun va qisqa kiyim janjallari, Ovrupo shaharlari butun elektrik bilan isitilur va yoritilur ekan, bizda maktablarda jo‘g‘rofiya va tabiyot o‘qitish, o‘qitmaslik ixtiloflari… davom etadi. XX asr boshlaridan e’tiboran bizda ham maorif va madaniyat so‘zlarini og‘izg‘a oluvchi, taraqqiyot va taoliyning kerakligidan matbuotda yozuvchi, majlislarda so‘zlaguvchilar chiqdi, bilfe’l, yangi usul maktablari ochildi. Gazetalar chiqorildi, «Jamiyati xayriya» va «Nashri maorif» uyushmalari tashkil etildi, faqat chor hukumatining politsiyalari, oxrannaya otdeleniyalari bunday madaniy ishlarda yerlik xalqqa ochiq yo‘l bermadi. Bir tomondan ochilsa, ikkinchi tomondan yopa berdi. Shunday bo‘lsa ham, ul zamonning yoshlari, taraqqiyparvarlari o‘z maqsad va maslaklarida sobit qadam bo‘ldilar, bir gazetani hukumat yopsa, ikkinchi ismda, buni yopsa, uchinchi ismda gazeta chiqarib turdilar. Jamiyat va maktablarning ham birini yopsa, ikkinchisini ochib, birini qissa, ikkinchisini kengaytirib turishdan to‘xtamadilar. Hukumatning quvish va siqishlari ularni umidsizlantirmadi, maqsad va maslaklarida davom etdilar. Hech mumkin bo‘lmag‘on bir zamonda chetga o‘quvchilar yubordilar. Maktablarni o‘rta darajalarga qadar olib bordilar. Jamiyatlar chetga ketuvchi o‘quvchilarga, maktablarga moddiy va ma’naviy yordam berarlik darajada kuchga ega bo‘ddi. Gazetalari afkor ommani hiyli qo‘lga olib, 3—4 ming nusxa sotilaturg‘on martabaga yetdi. To‘rtinchi sinflarga yetarlik maktab kitoblarimiz hozirlandi. Hukumat ham maxsus maqsad bilan ochqon russko-tuzemniy maktablarini yangi milliy maktablarga raqobat qila olmasligini anglab, oz bo‘lsa ham isloh etmakka majbur bo‘ldi. Mana bu yuqorida sanalg‘on va bu kunda tarix sahifalariga topshirilg‘on milliy-madaniy xizmat va harakatlarning hech biri hukumat ustallarida emas, yolg‘iz jamoat ustallarida ishlangan ishlardir. Hukumat ustallari esa ul zamonda bunday xarajatlarga tom ma’nosi bilan xilof va qarshi borar edi. Bu qarshilik, quvish va qisishlar jamoat xizmatchilarining ko‘ngillariga shul qadar tekkan va zeriktirgan ediki, inqilob bo‘lib, yerlik xalqning maorif va madaniyatiga taoliy va taraqqiysiga qarshi ustallar yig‘ilg‘on kundan boshlab, har birlari har yerda otilib, hukumat ustallarig‘a mindilar-da, jamoat ustallarini butun tark etdilar ham o‘z maqsad va maslaklarini yolg‘iz rasmiy kabinetlarda o‘ltirib, davlat puli, davlat qonuni va hukumat kuchi bilan vujudga chiqarmoq fikriga tushdilar. Xalq fikri, xalq ahvol ruhiyasi, xalq darajai madaniyasi va xalq yordami ko‘pincha e’tiborga olinmadi. Bizning eng buyuk xato va yanglishimiz ham shunda edi. Ham bunday ulug‘ inqilob vaqtida bizga o‘xshash madaniyatsiz millatga mundan boshqa chora, ehtimolki, yo‘q va topilmasda edi. Mana bu vositalar bilan biz qora xalqdan uzoqlashdik, o‘zimiz bilan birga maqsad va maslagimiz ham uzoqlashdi. Bundan, tabiiy, maorif va madaniyat dushmani bo‘lgan qorinparastlar, mutaassiblar istaganlaricha istifoda etdilar. 16-yillarda yangi maktablarga raqobat qila olmog‘on eski maktablar bukun dahshatlik sur’atda taraqqiy etdilar. Eski Toshkent maorif sho‘basining so‘nggi olg‘on hisobi bo‘yincha, butun yangi maktab shogirdlari 4000 to‘lmag‘on holda eski maktab va qozixonalarda 7000 qadar millat bolasining ezilib yotqonlig‘i ko‘rinadir. Bu hollar Turkiston maorif va madaniyat markazi bo‘lg‘on Toshkentda, agarda biz Toshkentdan qancha chetga chiqa bersak, maorif va madaniyat ishlarimiz shuncha zaiflana va xalqning maorifiga va maorif xodimlariga nazari shuncha yomonlana boradir. Bu kun yangi maktablarni «kufr uyasi» deb e’tiqod qilg‘on va yangi maktab muallimlarindan shaytondan qochqon kabi qochqon va qo‘rqqan kishilarni, o‘rinlarni, qishloqlarni, hatto shaharlarni topmoq mumkin. Bunga sabab, bir tomondan, xalqning nodonligi va mutaassib ulamoning ig‘vosi bo‘lsa, ikkinchi tomondan, bizning yoshlar va maorifparvarlarimizni xalqfikri va xalq yordamini butunlay unutib, yolg‘iz hukumat kuchi va hukumat puli bilan ish ko‘rmoq xayolig‘a tushganlari va bu xayol orqasida xalqdan hiyli uzoqlashganliqlaridir.Agarda biz avvalda bir necha inqiloblarni ko‘rib tajriba hosil qilg‘on bo‘lsak, tabiiy, bu besh yillik inqilob davrida maorif va madaniyat yo‘lida o‘ylab ishlagan, qora xalqni tamom qo‘lg‘a olib, taraqqiy va taoliy yo‘lig‘a o‘zimiz bilan birga olib ketgan va bu vosita bilan inqilob davridan qora xalqni fikr, maorif va madaniyat jihatida juda ko‘b foydalandirg‘on bo‘lar edik. Endi bo‘lar ish bo‘ldi. Inqilob dengizlarining to‘lqinlari pasaydi. Har ish o‘z yo‘lig‘a va o‘z tartibiga kira boshladi. Bu kungacha davlat sarmoyasidan ta’min etilib kelgan maorif va madaniyat muassasalarining ko‘prak qismi mahalliy sarmoyaga va xalq yordamiga qoldirildi. Bu kungacha maorif va madaniyat ishlarini hukumat kuchi va hukumat yo‘li bilan olib bormoq xayolida bo‘lg‘on maorifparvar yoshlarimiz endi xalq kuchi va xalq yordami bilan olib bormoq fikriga keldilar. Buning uchun xalq fikri va xalq ruhi bilan hisoblashmoq lozimligini ham shoyad anglagandirlar. Ishlar bu fikr va bu yo‘l bilan yuritilgan taqdirda xalqni ham maorif va madaniyat ishlari atrofiga to‘plamoq va orodag‘i anglashilmovchiliklarni xalqqa tushuntirish va amalda ishlab ko‘rsatish yo‘llari bilan oradan ko‘tarmak mumkinligi tajriba bilan ma’lumdir. Tabiiy, bunday ishlarni endi yolg‘iz hukumat kabinetlarida o‘ltirib emas, balki jamoat ustallarida va qora xalq orasida ishlamak lozimdir. Buning uchun har yerda «Nashri maorif» uyushmalari ochmoq va butun maorifparvarlarni, yoshlarni, chollarni shul uyushma atrofiga to‘plamoq kerakdir. Turkistonning hayoti, Turkistonning najoti yolg‘iz maorifga va madaniyatning taraqqiysi esa butun xalqning «Nashri maorif» uyushmalari atrofiga to‘planmog‘iga bog‘liqdir. Shundagina biz madaniy millatlar qatoriga kira olamiz, shundagina madaniyat dunyosida o‘z huquqimizni ola olamiz. «Sho‘royi islom» qarornomasi Hozirg‘i qiymatchiliq va oziqsizliq shul qadar qo‘rqinchiluq darajag‘a bordiki, ko‘p oilalar, faqir va bechoralar pulga ham ozuqtopolmasdan, ko‘chaba-ko‘cha sargardon bo‘lib, necha kunlarg‘acha och turmoqqa majburiyat ko‘rurlar. Hozirda davom etub turg‘on dahshatliq urush, bu yilg‘i suvsizliq va chogirdka balolari bu holni minba’d yana qo‘rqinchliroq darajag‘a olib boradirg‘ong‘a o‘xshab ko‘rinadur. Turkiston musulmonlarining s’ezdi mana shul holni e’tiborg‘a olinmak oramizda bo‘lub turg‘on ba’zi bid’at va isrofot ishlarini, chunonchi, to‘y, ma’raka, gap, bazm, yalochi, qozoqlar orasidagi uloq, poyga va janoza kuni bo‘ladurg‘on isrofotni bilkulliya barham bermoqg‘a qaror berdi. «Sho‘royi islomiya»ning 12 aprelda voqe’ umumiy majlisida Toshkandning qozilari va ulamolari ham bu ishning aksarini shariatg‘a xilof topdilar va o‘z oralarindan bir komissiya saylab, to‘y va ma’rakalarni shul komissiyalarg‘a topshurdilar. Birinchi. Janoza kuni imom va ulamolarg‘a yirtish va choponlar ulashmoq, qarindosh-urug‘larg‘a qora kiyimliklardek nimarsalar bermoq, yug‘uchi va otunlarg‘a ijroyi xizmatlaridan ziyoda har xil kiyimlar bermoq, otunlar kelib tovush chiqorib o‘qimoq, sadr qilmoq, xotunlarg‘a ulashiladirg‘on yetti, gul, qovoqoshi, qor yog‘di, laylak keldi, qovun-tarvuz, yigirma, qirq, hayit, fotiha va yil oshidek xalqqa osh beriladurg‘on isrofdir; qozoqlar orasidagi yil oshi, poygalar va ahli kasabalar tarafidan arvoh, pari ismi bilan beriladurg‘on osh va ziyofatlarni yo‘q qilindi va bular badalig‘a janoza kuni davlatlik kishilar ulamo-imomlarg‘a pul berish, xayrot qilmoqlari ham yuqorida mazkur ma’raka kunlarida mahalladan uch-to‘rt kishi chaqirib, xatmi Qur’on qildirmoqlari mumkindir. Ikkinchi. Qiz to‘ylarida sovchigarchilik, patir, kichik to‘y, qozon qaytarish, katta to‘y, bazm va kecha isroflari va yuz ko‘rar, hayitlarda mol yoyib, kelin ko‘rmoq, qiz oshi bermoq va nikoh kunlarida yalochilar o‘ynamoq, yor-yor aytmoq, xotunlarning har birig‘a alohida non va oshlar tortmoq, «to‘qqiz-to‘qqiz», sanduqlarda churib ketadurg‘on gulko‘rpa, falak, ko‘rpalardek foydasiz mollar, ko‘chalardin miyoncha ko‘tarib yoki aroba va tuyalarga g‘alla va boshqa xil narsalar ortib to‘y yubormoq, qozoqlardagi qalin olmoq va shunga o‘xshash isrofot va bid’atlar bilkulliya mamnu’dir. Bunlar o‘rnig‘a kelin va kuyov taraflari kiyim va zaruriyat uy asboblari to‘g‘risinda pul ila bitishsunlar, ham nikoh kuni kuyov o‘zi oshnalari va mahalla kishilari birlan bekarnay, faqat surnay bilan borub, nikoh qilurlar va kelin taraf o‘z qarindoshlari birlan kelinni olib borurlar. Faqat kuyov ila boradurg‘on kishilarning yigirma-qirq kishidan oshmaslig‘i lozimdur. Chorlari ham martaba kuni bo‘lib, kuyov ila birga boradurg‘on kishilardin kelin ila boradurg‘on xotunlar ham o‘n kishidan ortuq bo‘lmasun. Chorlari faqat taom yemoq uchungina bo‘lib, tugib olib ketmoqlari va yana beshik to‘yi, chillagarizonlar butunlay yo‘qolib bitsunlar. Uchinchi. O‘g‘il to‘yida atrofdagi mahallalardan odamlar chaqirub, osh bermoq, uloq bermoq, xotun oshi bermoq, xatna qilinadurg‘on bolalarg‘a nasha va ham ko‘chaba-ko‘cha sargardon qilib, oqcha yig‘moq va shunlarg‘a o‘xshag‘on isroflar bilkulliya mamnu’dir. Faqat davlatlik kishilar ulamo va imomlarni chaqirub, kichikroq bir mavlud majlisi yasab va faqir kishilar mahalladan uch-to‘rt kishinigina chaqirub, o‘g‘illarini xatna qildirurlar. «Sho‘royi islomiya» davlatlik kishilardin iltimos qiladurki, mavlud majlisini ham ko‘b katta yubormasdan, mumkin qadar qasdi rioya qilsalar (tejab sarf qilsalar) ham to‘yda… pul va g‘alla sarfi mahallalaridag‘i och va yalang‘och, beva-bechoralarg‘a, maktab va madrasa va «Jamiyati xayriya»larg‘a bersalar. Ushbu tartibg‘a muxolifat qilg‘on kishilarning ma’raka va to‘ylari to‘xtamli va aybnoma (protokol) yozub, qozilarg‘a topshurmoq va shahar boshluqlarig‘a havola qilinadi. Bunday kishilarg‘a ittifoqi musliminni bu kim omilini va shar’an harom bo‘lg‘on isrofgarchilig‘ini belgi uchun muhtaram qozilar shariatg‘a muvofiq qattig‘ jazog‘a mustahiq qiladurlar. Muhtaram mahalla imomlari va mahalla komitetlaridin iltimos qiladurki, ushbu e’lonnomani xalqqa tushuntirib, xalqni ushbu tartibdan chiqmasligiga targ‘ib va tashviq qilsalar edi. Chunki janobi Haq ta’oliy isrof qilg‘uvchilarni suymas. «Sho‘royi islom» raisi muovini Munavvar qori Komissiyalar: Mullo Said Ahrorxon mahzum, Mullo Murodxo‘ja eshon, Mullo Abdusame’ qori. «Turon» teatri ochilishida so‘zlangan nutq (1914 yil 27 fevralda Toshkandda «Kolizey» teatri binosida «Turon» truppasining rasmiy ochilishi munosibatila so‘zlangan nutq.) Siz hurmatlularga tiyotr xususida bir necha so‘z aytmakka jasorat qilib, qarshularingizga chiqdim. Bu xususda manim gustohona harakatimni afu etmaganingizni ojizona rijo qilurman. Bizni Toshkand shahrida bir necha martaba milliy tiyotrlar o‘ynalgan bo‘lsa ham, xolis Turkiston tilida hanuz bir tiyotr o‘ynalmag‘onlig‘i barchamizga ma’lumdir. Shul sababli ba’zi kishilarimiz tiyotrg‘a, ehtimolki, o‘yinbozliq yoxud masxarabozliq ko‘zlari ila boqurlar. Holbuki, tiyotrning asl ma’nosi ibratxona yoki ulug‘lar maktabi, degan so‘zdur. Tiyotr saxnasi har tarafi oynaband qiling‘on bir uyg‘a o‘xshaydurki, unga har kim kirsa, o‘zining husn va qabihini, ayb va nuqsonini ko‘rub ibrat olur. Va bu sahnada ko‘ziga yomon ko‘rungan past odatlardin va buzuq axloqlardin uzr qilmoqg‘a harakat qilur. Binoanalayh tiyotrni buzuq axloq kasallarining eng yoqimli davosiga o‘xshatgan kishi yolg‘onchi bo‘lmasa kerak, deb o‘ylayman. Tiyotr sahnasiga chiqib, yuziga un surtib, bir masxaraboz shakliga kirgon zotlar go‘yoki tabibi hoziq misolindadurlar. Bunlar achchiq romanlarni shirin davolari ila xalqg‘a yedirurlar va achchiq nasihatlarni suchuk so‘zlari ila xalqg‘a eshitdururlar. Biz shu zotlarga va tiyotrlarga qanday ko‘z ila boqmog‘imiz kerak? Muni o‘rganmak uchun biz o‘zimizdan boshqa mutaraqqiy mamlakatlarga boqaylik. Misli ustimizga hokim bo‘lub turg‘on ruslarga, turklarga, nemislarga, fransuzlarga, yahudiylarga va boshqalarga, ko‘b uzoq ketmayluk, eng yaqin qo‘shnilarimiz bo‘lg‘on Qofqoz musulmonlarig‘a. Bundan o‘ttiz yil muqaddam Qofqoz musulmonlaridin eng avval chiqib tiyotr kitoblari yozg‘an va yuziga un surtib tiyotr sahnasiga chiqg‘on, adibi shahid Mirza Fathali Oxundov janoblarig‘a xalq qanday ko‘z ila qaradi? Marhum Oxundov xalqning nuqsonini ko‘rsatg‘on, millat taraqqiysig‘a va mamlakat obodlig‘ig‘a xizmat qilgon, ismi har yerda haqorat ila zikr qilinurdi va o‘zidan har kim nafrat qilurdi. Lekin o‘ttiz yil o‘tgandin so‘ng marhum Oxundov janoblarining chekkan mashaqqatlari va tortgon zahmatlarini millat o‘ylab, taqdir qilub, oning xotirasi va ruhining shodligi uchun ulug‘ bir yubiley, ya’ni duo majlisi yasadilarki, hozirg‘a qadar bunday ulug‘ majlis musulmonlardin hech bir kishi uchun yasalg‘oni yo‘qdur. Marhum Oxundov tutgan yo‘lning ulug‘ foydalari hozirda ko‘rinmakda boshladi. Qofqoziyaning har bir yerida jamiyati xayriyalar ochilub, alarning tiyotru shu’balari tashkil topdi, bularning eng mashhurlari Bokuda «Najot jamiyati»durki, bu jamiyat tiyotr vositasila Qofqoz xalqining axloqini xiyla isloh qildi, g‘aflatdin uyg‘ontirdi, taraqqiy va maorifga havaslarin ortdirdi. Hozirda tiyotr vositasila har yil minglarcha aqcha jam’ qilur. Yuzlarcha musulmon faqir va ojizlarga yordam berur. Qo‘lidan kelguncha millatining nomus va obro‘sini hifz qilur va shaharning atrofida bo‘lg‘on qishloqlarda o‘ttuzg‘a yaqin mak-tablar ochub, islom bolalarini tarbiya va ta’lim qilur. Yuzlarcha millat bolalarini tarbiya qilub, o‘qitub, haqiqiy millat va vatan xodimlari etib maydong‘a chiqarur. Modomiki, bizim eng yaqin qo‘shnilarimiz va vatandoshlarimiz va dindoshlarimiz bo‘lg‘on totorlar va Qofqoz musulmonlari bu tariqa taraqqiy va tamaddunga qadam qo‘ydilar. Va yolg‘iz tiyotr vositasila o‘z millat va vatanlarina buncha xizmatlar ko‘rsatdilar. Biz, turkistonliklar na uchun onlardin ibrat olmaymiz? Na uchun o‘z tilimizda tiyotrlar yasab, oramizda bo‘lg‘on buzuq odatlarni yo‘q qilmoqg‘a harakat qilmaymiz? Na uchun Turkistonda birgina bo‘lg‘on jamiyatimizni va faqirlikdin inqirozga yuz tutgan maktab va maorifimizni obodlig‘iga sa’y va ko‘shish qilmaymiz? Bizim Turkiston mamlakati tufrog‘, suv va havo jihatidin eng boy mamlakatlardin bo‘la turub, na uchun o‘zumiz bundan foydalana olmaymiz? Mana, ketba-ket yetgan bunday savollarga javob bermak uchun nodonliq va olamdin xabarsizlik, demakdin boshqa chora yo‘qdur. Bu nodonliq va dunyodin xabarsizlik balosidan qutulmak uchun eng avval oramizda hukm surgan buzuq odatlarning buzuqlig‘ini bilmak va o‘rganmak kerakdur. Bas, bizga bu bildurg‘uvchi va o‘rgatuvchi yolg‘iz tiyotr sahnasidur. Soniyan onlarni tark qilmak keraqdurki, oni tark qildiruvchi yana jamiyat va tiyotr vositasila ochilgon maktab va madarasamizdur. Shul sababli himmatli yoshlarimizdan va himmatli boylarimizdan bu tiyotrlarga faqat o‘yun va masxarabozlik ko‘zila boqmasdan, millat va axloq jihatidan eng ibratli bir manzara va ulug‘lar uchun ochilg‘on foydali bir maktab nazari ila boqmoqlarini ojizona arz va istirhom qilurman. — Source: https://wikisource.org (works of Munavvarqori Abdurashidxon oʻgʻli). Downloaded from uzbekai.com.